XI. SHOH O‘Z SHOGIRDLARIGA NASIHAT BERADI (18-20-boblar)
A. Kamtarlik haqida (18:1−6)
18-bobni "Ulug‘lik va kechirimlilik haqida mulohaza" deb nomlash mumkin. U Masihning fuqarosi ekanligini ta’kidlovchi kishilar qanday xulq-atvor me’yorlariga ega bo‘lishi kerakligini ko‘rsatadi.
18:1 Shogirdlar doimo Samoviy Shohlikni tinchlik va farovonlikning oltin davri sifatida tasavvur qilishgan. Endi ular unda yuqori martaba egallashni orzu qila boshladilar.
Ularning o‘zini ko‘rsatish istagi quyidagi savolda namoyon bo‘ldi: "Osmon Shohligida kim eng ulug‘?"
18:2−3 Iso ularga jonli misol bilan javob berdi. Ularning o‘rtasiga bir go‘dakni qo‘yib, odamlar Samoviy Shohlikka kirish uchun tavba qilib, go‘daklarga o‘xshab qolishlari kerakligini aytdi. U Shohlikning ichki mohiyati haqida gapirdi; haqiqiy imonli bo‘lish uchun inson o‘zining ulug‘ligi haqidagi fikrlarni tark etib, kichik bola kabi eng past maqomni egallashi kerak. Bu jarayon inson o‘zining gunohkorligi va noloyiqligini tan olib, Iso Masihni yagona umidi sifatida qabul qilganda boshlanadi. U butun masihiylik hayoti davomida shunday holatda qolishi lozim. Iso shogirdlarini najot topmagan deb hisoblamagan. Yahudodan tashqari hammasi Unga chin dildan ishonib, oqlangan edi.
Biroq ular hali Muqaddas Ruhni o‘zlarida yashovchi Shaxs sifatida qabul qilmagandilar va shu bois bugun bizda mavjud bo‘lgan (ammo har doim to‘g‘ri foydalanmaydigan) haqiqiy kamtarlik kuchiga ega emasdilar. Shuningdek, ularning noto‘g‘ri fikrlash tarzi Shohlikka muvofiq o‘zgarishi lozim edi.
18:4 Osmon Shohligidagi eng ulug‘ inson yosh boladek o‘zini past tutadi. Shubhasiz, Osmon Shohligining me’yorlari va qadriyatlari dunyodagilarga mutlaqo ziddir. Bizning butun tafakkurimiz qayta qurilishi kerak; biz Masihniki kabi fikrlarga ega bo‘lishimiz lozim (Filippiyklarga 2:5-8).
18:5 Bu yerda Rabbimiz oddiy boladan ruhiy bolaga deyarli sezilmay o‘tadi. Kim Uning nomidan kamtar izdoshlaridan birini qabul qilsa, xuddi Rabbning O‘zini qabul qilgandek mukofotga sazovor bo‘ladi. Shogird uchun qilingan ish Ustoz uchun qilingan hisoblanadi.
18:6 Aksincha, imonlini gunohga boshlagan kishi qattiq jazoga tortiladi: uning bo‘yniga tegirmon toshi osilib, dengiz qa’riga cho‘ktirilgani ma’qul bo‘lardi. (Bu yerda tilga olingan tegirmon toshini faqat hayvon aylantira olardi; kichikrog‘ini qo‘l bilan aylantirish mumkin edi.) O‘ziga qarshi gunoh qilish yomon, ammo imonlini gunohga botirish uning pokligini yo‘qotish, ongini buzish va obro‘sini to‘kishdir. Boshqalarning pokligi bilan o‘ynashgandan ko‘ra, zo‘raki o‘lim afzalroqdir!
B. Vasvasalar haqida (18:7−14)
18:7 Iso vasvasaga tushmaslik mumkin emasligini tushuntirishda davom etdi. Dunyo, nafs va shayton birlashib, aldab yo‘ldan ozdiradi. Ammo inson yovuzlik qo‘shinida shaytonga xizmat qilsa, gunohi og‘ir bo‘ladi. Shuning uchun Najotkor Xudoning farzandini vasvasaga solgandan ko‘ra, o‘ziga nisbatan qattiqqo‘l bo‘lish ma’qulligini ogohlantirgan.
18:8−9 Agar qo‘l, oyoq yoki ko‘z gunohga sabab bo‘lsa, boshqa odamning hayotidagi Xudoning ishini barbod qilgandan ko‘ra, bu a’zoni kesib tashlash yaxshiroqdir. Barcha a’zolari bilan do‘zaxga tushgandan ko‘ra, qo‘lsiz va ko‘zsiz abadiy hayotga kirgan afzaldir. Rabbimiz ba’zilarning jannatda qo‘llari bo‘lmasligini nazarda tutmayapti, balki mo‘minning bu dunyodan ketayotgandagi jismoniy holatini tasvirlamoqda, xolos. Shubhasiz, tirilgan tana to‘liq va mukammal bo‘ladi.
18:10 So‘ngra, Xudoning O‘g‘li O‘ziga tegishli bo‘lgan kichkinalarning birortasini, xoh u bola bo‘lsin, xoh Shohlikka mansub har qanday odam bo‘lsin, mensimay qo‘ymaslik kerakligini ogohlantirdi. Ularning Xudo uchun naqadar qadrli ekanini ta’kidlab, farishtalari doimo Xudoning huzurida bo‘lib, Uning yuzini ko‘rib turishlarini qo‘shimcha qildi. Bu yerdagi farishtalar, ehtimol, qo‘riqchi farishtalardir (Ibroniylar 1:14 ga ham qarang).
18:11 Qutqaruvchimizning vazifasi haqidagi bu oyat boshqa ko‘plab zamonaviy Muqaddas Kitoblarda tushirib qoldirilgan, ammo u ushbu bo‘limning cho‘qqisiga to‘g‘ri keladi va qo‘lyozmalarda keng tasdiqlangan.
18:12−13 Bu kichkinalar ham Cho‘ponning mehribon qutqaruv xizmatining maqsadidir. Agar yuzta qo‘ydan bittasi podadan adashib ketsa, U to‘qson to‘qqiztasini qoldirib, adashganini topguncha izlaydi. Cho‘ponning adashgan qo‘yni topganidan quvonchi bizni kichkinalarni qadrlashga va hurmat qilishga o‘rgatishi kerak.
18:14 Bu kichkinalar nafaqat farishtalar va Cho‘pon uchun, balki Ota Xudo uchun ham qimmatlidir. U bu kichkinalardan birortasi halok bo‘lishini istamaydi. Agar ular farishtalar, Hazrati Iso va Samoviy Otamiz e’tiborini tortadigan darajada muhim bo‘lsa, hatto bizga yoqimsiz yoki ahamiyatsiz tuyulsa ham, ularni mensimay qo‘ymasligimiz kerak.
D. Qoidabuzarlarga nisbatan intizomiy jazo (18:15−20)
Bobning qolgan qismida cherkov a’zolari o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni ko‘rib chiqish va cheksiz marta kechirish zarurligi haqida so‘z yuritiladi.
18:15 Iso Masih boshqa imondoshdan ozor yegan masihiyning mas’uliyati haqida gapirar ekan, aniq ko‘rsatmalar beradi. Avvalo, masala ikki tomon o‘rtasida yolg‘iz holda muhokama qilinishi lozim. Agar aybdor o‘z xatosini tan olsa, yarashuvga erishilgan bo‘ladi. Muammo shundaki, biz buni qilmaymiz. Buning o‘rniga boshqalar bilan g‘iybat qilamiz. Shunda masala olovdek tarqaladi va kelishmovchilik kuchayadi. Esda tutaylik, birinchi qadam - "borib, uni siz va u yolg‘iz qolganingizda fosh qiling".
18:16 Agar aybdor birodar quloq solmasa, jabrlangan kishi o‘zi bilan bir yoki ikki guvoh olib, uni to‘g‘ri yo‘lga qaytarishga harakat qilishi kerak. Bu bilan uning bo‘ysunishni istamayotgani yanada jiddiy tus olishi ta’kidlanadi. Bundan tashqari, Muqaddas Bitiklarda talab qilinganidek, "har qanday so‘z ikki yoki uch guvohning tili bilan tasdiqlanishi uchun" ishonchli guvohlik ta’minlanadi. Biror kishiga qo‘yilgan ayb bir yoki ikki guvohning shahodati bilan tasdiqlanishi kerak, degan oddiy qoidaga rioya qilmaslik tufayli cherkov boshiga tushgan kulfatning hajmini hech kim o‘lchay olmaydi. Bu borada dunyoviy sud ko‘pincha xristian cherkovlari yoki jamoalariga qaraganda adolatliroq ish yuritadi.
18:17 Agar ayblanuvchi hamon iqror bo‘lish va kechirim so‘rashdan bosh tortsa, masala mahalliy cherkovga ko‘rib chiqish uchun havola etilishi lozim. Shuni ta’kidlash joizki, ishni fuqarolik sudi emas, balki mahalliy jamoa eshitishi kerak. Xristianga boshqa dindorni sudga berish man etilgan (1 Kor 6:1-8).
Agar ayblanuvchi cherkov oldida o‘z aybini tan olishdan bosh tortsa, uni soliqchi va gunohkor kabi hisoblash kerak. Bu iboraning eng aniq ma’nosi: unga cherkovdan tashqaridagi odam sifatida qarash kerak. Aslida u imondor bo‘lsa-da, imondordek yashamayapti, shuning uchun unga shunday munosabatda bo‘lish lozim. Garchi u hamon umumjahon cherkovining a’zosi bo‘lsa-da, u mahalliy cherkov imtiyozlaridan mahrum etilishi kerak. Bunday intizomiy jazo juda jiddiy choradan iborat; u vaqtincha imondorni shaytonning hukmronligiga topshiradi, "tanasini zaiflashtirish orqali Rabbimiz Iso Masih kunida ruhi qutqarilishi uchun" (1 Kor 5:5). Bunday jazolashdan maqsad gunohni anglash va uni tan olishga undashdir. Bu maqsadga erishilmaguncha, imondorlar o‘z munosabatlari bilan gunohkorga uning gunohini qabul qilmasliklarini va u bilan masihiy birodar sifatida muloqot qila olmasliklarini ko‘rsatishlari lozim, ammo shu bilan birga unga qo‘pol munosabatda bo‘lmasliklari kerak. Jamoa uni chin dildan tavba qilish alomatlari paydo bo‘lishi bilanoq yana qabul qilinishini eslatib turishi kerak.
18:18 Ushbu oyat yuqorida ko‘rib chiqilgan mavzuni davom ettiradi. Jamoa ibodat va Kalomga itoat qilgan holda insonni intizomiy chora bilan bog‘lasa, uning harakati osmonda ma’qullanadi.
Jazolanganlar tavba qilib, gunohini tan olganida, jamoa ularni a’zolikka tiklaydi; bu kechirish harakati ham Xudo tomonidan tasdiqlanadi (Yuhanno 20:23 ga qarang).
18:19 Savol tug‘iladi: yuqoridagidek bog‘lash yoki yechish uchun jamoa qancha bo‘lishi kerak? Javob shuki: ikki imondor bunday masalalarni Xudo huzurida ibodat qilib, U eshitayotganiga ishonch hosil qilgan holda keltirishi mumkin. Garchi 19-oyatni ibodatlarga javoblar va’dasi sifatida talqin qilish mumkin bo‘lsa-da, matn mazmunida u cherkovdagi tartib-intizom haqidagi ibodatga taalluqlidir. U umuman jamoaviy ibodatga nisbatan qo‘llanilganda, uni ibodat haqidagi boshqa barcha ta’limotlar nuqtayi nazaridan tushunish lozim.
Masalan, biz quyidagicha ibodat qilishimiz kerak:
1. Xudoning oshkor qilgan irodasiga muvofiq (1 Yuhanno 5:14-15).
2. Imon bilan (Yoqub 1:6-8).
Samimiy qalb bilan (Ibroniylar 10:22) va hokazo.
18:20 Bu oyatni kontekst asosida talqin qilish lozim. U asosan Yangi Ahd cherkovining minimal tarkibiga yoki oddiy ibodat xizmatiga emas, balki cherkov biron gunoh tufayli ajralgan ikki masihiy o‘rtasida yarashuv izlayotgan yig‘ilishga taalluqlidir. Uni Masih hozir bo‘lgan barcha imonlilar yig‘inlariga qo‘llash mumkin, biroq bu yerda yig‘ilish alohida maqsadga ega.
"Uning nomi bilan" to‘planish Uning irodasiga ko‘ra, U biz uchun kim ekanligini anglab va Uning So‘ziga itoat etgan holda yig‘ilish demakdir. Hech qaysi guruh faqat o‘zi Uning nomi bilan yig‘ilayotganini da’vo qila olmaydi; agar shunday bo‘lsa, Uning yer yuzidagi mavjudligi Uning Tanasining ozgina qismi bilan cheklangan bo‘lardi. Qayerda ikki yoki uch kishi Isoni Rabbimiz va Najotkorimiz deb tan olib yig‘ilsa, U ularning orasida bo‘ladi.
E. Cheksiz kechirim (18:21−35)
18:21−22 Shu munosabat bilan Butrus o‘ziga qarshi gunoh qilgan birodarini necha marta kechirishi kerakligini so‘radi. Ehtimol, u yetti sonini kechirish uchun eng yuqori chegara sifatida taklif qilib, o‘ta rahmdillik ko‘rsatayapman deb o‘ylagan. Iso javob berdi: "Yetti martagacha emas, balki yetmish marta yettigacha."
Uning maqsadi bizni 490 martani so‘zma-so‘z tushunishimiz emas edi; U shunday qilib "noaniq son"ni majoziy tarzda ifodaladi.
Shunda kimdir so‘rashi mumkin: nega yuqorida ko‘rsatilgan bosqichlardan o‘tish kerak? Nima uchun aybdorning oldiga o‘zing borasan, keyin bir-ikki guvoh bilan borasan, so‘ng uni cherkovga olib kelasan? Nega shunchaki kechirish va shu bilan ishni yakunlab qo‘ya qolmaysan?
Javob shunday: kechirish jarayoni quyidagi bosqichlarni o‘z ichiga oladi:
1. Birodarim meni haqorat qilsa yoki menga qarshi gunoh qilsa, men uni darhol qalbimda kechirishim kerak (Efes. 4:32). Bu meni kechirmaslikning achchiq ruhidan xalos qiladi va aybni uning zimmasida qoldiradi.
2. Uni qalbimda kechirgan bo‘lsam-da, hali bu haqda unga aytmaganman. U hali tavba qilmagan bo‘lsa, kechirilganini ochiq ko‘rsatish noto‘g‘ri bo‘lardi. Shuning uchun men birodarimning oldiga borib, uni muhabbat bilan fosh qilishim kerak, toki u o‘z aybini tan olsin (Luqo 17:3).
3. U uzr so‘rab, gunohini tan olishi bilanoq, men unga kechirilganini aytaman (Luqo 17:4).
18:23 So‘ng Iso Osmon Shohligi haqidagi masalni keltirib, bepul kechirilgan ba’zi fuqarolarni kechirmaslik ruhining oqibatlaridan ogohlantiradi.
18:24−27 U qarz daftarini tartibga keltirmoqchi bo‘lgan bir podshoh haqida so‘zlaydi. Undan o‘n ming talant qarzdor bo‘lgan bir xizmatkor bu qarzni to‘lay olmadi, shuning uchun xo‘jayini uni va oilasini qarzni uzish uchun qullikka sotishni buyurdi. G‘am-alamdan aqldan ozay degan xizmatkor xo‘jayinidan muhlat berishni so‘rab yolvordi va agar vaqt berilsa, hammasini to‘lashga va’da berdi.
"Ko‘p qarzdorlar singari, u juda optimistik edi, agar unga vaqt berilsa, qarzlarini to‘lay olishiga umid qilardi (26-oyat). Galileyaning umumiy daromadi 300 talantgacha bo‘lgan, bu odam esa 10 000 talant qarzdor edi! Bunday ulkan miqdordagi qarz to‘qib chiqarilgan. U tinglovchilarni hayratga solishi, e’tiborini tortishi va Xudoga bo‘lgan ulkan qarzni ta’kidlashi kerak edi. Martin Lyuter odatda hammamiz Uning oldida qashshoqmiz, derdi. Qarzlarimizni to‘lay olamiz deb umid qilmasligimiz kerak." (Muqaddas Kitob Jamiyatining kundalik sharhlari)
Podshoh xizmatkorining holdan toyganini ko‘rib, 10 000 talantning hammasini kechib yubordi. Bu adolat emas, balki marhamatning oliyjanob namoyishi edi.
18:28−30 O‘sha xizmatkorning esa bir hamkasbi bor edi, u undan yuz dinor (bir necha yuz dollar) qarzdor edi.
U o‘rtog‘ini kechirish o‘rniga, uning tomog‘idan bo‘g‘ib, qarzni to‘liq to‘lashni talab qildi. Baxtsiz qarzdor muhlat berishni so‘radi, lekin befoyda. U qarzini to‘lamagunicha qamoqqa tashlandi, bu uning uchun deyarli imkonsiz edi, chunki qamoqda bo‘lgani uchun pul ishlash imkoniyatidan mahrum bo‘ldi.
18:31−34 Boshqa xizmatkorlar bunday nomunosib xatti-harakatdan g‘azablanib, bo‘lib o‘tgan voqeani podshohga aytib berishdi. U shafqatsiz qarzdordan g‘azablandi: uning shuncha katta qarzi kechirilgan bo‘lsa-da, u arzimas summani kechirishni istamadi.
Va uni qarzini to‘lamagunicha qiynoqchilar qo‘liga topshirdi.
18:35 Bu masalning mohiyati aniq. Xudo – Podshohdir. Uning barcha xizmatkori Undan katta miqdorda (gunoh) qarzdor bo‘lib, uni to‘lashga qodir emaslar. Rabbimiz ajoyib marhamat va shafqat bilan bu qarzni to‘ladi va bizga to‘liq kechirimni in’om etdi.
Endi tasavvur qiling, bir masihiy boshqasini haqorat qildi. Unga bu haqda aytishganda, u uzr so‘rab, kechirim so‘radi. Ammo ranjigan imonli uni kechirishni istamaydi. Uning o‘zining millionlab qarzini kechirishdi-yu, u esa bir necha yuz dollarlik qarzni kechirishni xohlamaydi.
Podshoh bunday xatti-harakatning jazosiz qolishiga yo‘l qo‘yarmikin? Aslo! Aybdor bu hayotda jazolanadi va Masihning mahkamasida hisob beradi.