S. An’analar Xudoning Kalomiga qarshi (7:1−23)
7:1 Farziylar va ulamolar yahudiy din arboblari bo‘lib, ular Xudoning Kalomi bilan shunchalik chirmashib ketgan qat’iy rioya qilinadigan an’analarning murakkab tizimini yaratgan edilarki, bu an’analar deyarli Muqaddas Kitob bilan teng obro‘ga ega bo‘ldi. Aslida, ba’zi hollarda bu urf-odatlar Muqaddas Yozuvlarga zid bo‘lib, Xudoning qonunini zaiflashtirar edi. Din arboblari qoidalarni mamnuniyat bilan joriy qilar, odamlar esa ularni itoatkorona qabul qilib, voqelikdan yiroq bo‘lgan marosimlar tizimidan qoniqish hosil qilishardi.
7:2−4 Bu o‘rinda biz farziylar va ulamolarning Isoni shogirdlari qo‘llarini yuvmay ovqat yeganlari uchun tanqid qilayotganini ko‘ramiz. Bu shogirdlar ovqatlanishdan oldin qo‘llarini umuman yuvmaganlarini emas, balki an’analar talab qilgan murakkab marosimni bajarmaganlarini anglatardi. Masalan, kishi qo‘llarini tirsakkacha yuvmaguncha, u harom hisoblanardi. Agar ular gavjum joyda bo‘lgan bo‘lsalar, albatta g‘usl qilishlari kerak edi.
Bu murakkab tahorat tizimi hatto qozon-tovoqlarni yuvishni ham o‘z ichiga olardi. E. Stenli Jouns farziylar haqida shunday yozadi:
"Ular Iso bilan uchrashish uchun Quddusdan uzoq yo‘l bosib kelishgan, ammo hayotga munosabatlari shu qadar salbiy va mayda-chuydalarga e’tibor qiluvchi ediki, ular faqat yuvilmagan qo‘llarni ko‘rishdi. Ular insoniyat tarixidagi eng buyuk tavba-tazarru to‘lqinini - odamlarning ongini, ruhini va tanasini tozalayotgan to‘lqinni payqay olishmadi... Ular ko‘zlarini katta ochib, ahamiyatsiz narsalarga tikilishardi-yu, eng muhimini ko‘rmas edilar. Tarix ularni eslamaydi; ularning salbiy munosabati faqat Masihning ijobiy ta’siri uchun fon sifatida eslanadi. Ular o‘zlaridan keyin tanqidni qoldirdilar - U esa ruhiy poklanishni qoldirdi. Ular kamchilik va xatolarni to‘pladilar - U esa izdoshlarni to‘pladi." (E. Stanley Jones, Growing Spiritually, 109-bet.)
7:5−8 Iso darhol bu odamlarning ikkiyuzlamachiligini fosh qildi. Ular Ishayo ogohlantirganiday yo‘l tutishgan edi. Ular o‘zlarini Xudoga bag‘ishlangan deb ko‘rsatishardi, ammo qalblari buzuq edi.
Ular an’analarga qat’iy rioya qilib, go‘yo Xudoga sajda qilayotgandek ko‘rinishardi, biroq Muqaddas Kitob ta’limotini o‘z marosimlari bilan almashtirib qo‘yishgandi. Ular imon va axloq masalalarida Xudoning Kalomini ma’naviy yo‘lko‘rsatkich sifatida tan olish o‘rniga, Muqaddas Kitobning aniq talablaridan chetga chiqib, o‘z urf-odatlarini oqlashardi.
7:9−10 Iso an’analar Xudoning qonunini qanday bekor qilishiga misol keltirdi. O‘nta amrning biri farzandlar ota-onalarini hurmat qilishlarini (bu ularga g‘amxo‘rlik qilishni ham o‘z ichiga olardi) talab qilardi.
Otasi yoki onasini haqorat qilgan har qanday kishi o‘lim jazosiga tortilishi kerak edi.
7:11−13 Ammo yahudiylar "berilgan" yoki "bag‘ishlangan" degan ma’noni anglatuvchi Qorbon deb ataluvchi an’anani joriy etishgandi.
Aytaylik, yahudiy oilasida ota-ona muhtojlikda yashamoqda. O‘g‘lining ularga g‘amxo‘rlik qilish uchun mablag‘i bor, lekin u buni xohlamaydi. Undan faqat "qorbon" deyish talab qilinardi, ya’ni uning puli Xudoga yoki ibodatxonaga atalgan. Bu uni ota-onasiga yordam berishdan va ular uchun javobgarlikdan ozod qilardi. U o‘ziga cheksiz miqdorda pul qoldirib, uni o‘z maqsadlari uchun ishlata olardi. Bu pullarni qachondir ibodatxona ehtiyojlariga sarflashi yoki sarflamasligi muhim emasdi. Kelli ta’kidlaydi:
"Rahbarlar mulkni himoya qilish va diniy maqsadlarga yo‘naltirish uchun mo‘ljallangan usulni o‘ylab topdilar. Bu esa Xudoning Kalomini o‘qigandan so‘ng odamlarning vijdonini tinchlantirishi kerak edi... Aynan Xudo insonni ota-onasini hurmat qilishga chaqirgan va ularga nisbatan har qanday hurmatsizlikni qoralagan. Biroq dindorlikni niqob qilib, Xudoning ikkala amrini ham buzadigan odamlar topildi! Parvardigor bu an’anaviy "qorbon" so‘ziga nafaqat ota-onaga nisbatan noto‘g‘ri munosabat, balki Xudoning amriga bo‘ysunmaslik deb qaraydi." (Kelly, Mark, 105-bet.)
7:14−16 14-oyatdan boshlab, Rabbimiz insonni uning og‘ziga kiradigan narsalar (masalan, yuvilmagan qo‘llar bilan yeyiladigan ovqat) emas, balki undan chiqadigan barcha narsalar (masalan, Xudoning Kalomini rad etuvchi urf-odatlar) bulg‘ashi haqida inqilobiy bayonot beradi.
7:17−19 Bu bayonot hatto shogirdlarni ham hayratga soldi. Ular Eski Ahd ta’limoti asosida tarbiyalangan bo‘lib, doimo cho‘chqa go‘shti, quyon go‘shti, qisqichbaqa kabi ba’zi oziq-ovqat turlari harom va ularni bulg‘ashi mumkin deb hisoblashardi. Endi esa Iso, inson o‘z ichiga kiradigan hech narsa bilan bulg‘anmasligini ochiq-oydin aytdi.
Ma’lum ma’noda bu qonunchilikka chek qo‘yilganini anglatardi.
7:20−23 Insonni undan chiqadigan hamma narsa bulg‘aydi: yovuz o‘y-xayollar, zino, fahsh, qotillik, o‘g‘rilik, ochko‘zlik, yovuzlik, makkorlik, odobsizlik, hasad, kufr, manmanlik, aqlsizlik. Shu nuqtai nazardan insoniy an’analarni ham ushbu ro‘yxatga kiritish mumkin edi. Qorbon an’anasi qotillikka teng edi. Ota-onalar bu axloqsiz qasamyod bekor qilinmaguncha ochlikka mahkum edilar.
Ushbu parchadan olingan eng muhim saboqlardan biri shuki: biz barcha ta’limotlar va an’analarni Xudoning Kalomi bilan solishtirishimiz, Xudodan kelgan hamma narsaga itoat etishimiz va barcha insoniy narsalarni rad qilishimiz kerak. Dastlab, inson Muqaddas Kitobga ishonuvchi kishilarga maqbul bo‘lish uchun sof ma’naviy haqiqatlarni o‘rgatib, va’z qilishi mumkin.
Bunga erishgach, u ta’limotga insoniy uydirmalar qo‘sha boshlaydi. Uning adashishi mumkin emas deb o‘ylaydigan sodiq izdoshlari, uning ta’limoti So‘zning o‘tkirligini pasaytirsa yoki aniq mazmunini xiralashtirsa ham, unga ko‘r-ko‘rona ergashaveradi.
Shunday qilib, ulamolar va farziylar Kalom ustozlari degan obro‘ga ega bo‘ldilar. Ammo endi ular So‘zning mohiyatini yo‘qqa chiqarishardi. Hazrati Iso xalqni Xudoning Kalomi odamlarga emas, balki odamlar Xudoning Kalomiga bo‘ysunishi haqida ogohlantirishi kerak edi. Biz uchun haqiqatning asosiy mezoni quyidagi qoida bo‘lishi lozim: "Bu haqda Xudoning Kalomida nima deyilgan?"
T. Imoni tufayli duo olgan majusiy ayol (7:24−30)
7:24−25 Oldingi oyatlarda Iso har qanday taom pok ekanini ko‘rsatgan edi. Bu yerda U endi majusiylardan nafratlanmaslik va ularni nopok deb hisoblamaslik kerakligini ko‘rsatmoqda. Iso shimoli-g‘arbga, Tir va Sidon chegaralariga, Surofinikiya deb ham ataladigan joyga yo‘l oldi. U uyga tanilmay kirishga urindi. Biroq Uning dovrug‘i ilgarilab ketdi va tez orada Uning kelgani ma’lum bo‘ldi. Uning oldiga majusiy bir ayol kelib, jin chalgan qiziga yordam berishni so‘radi.
7:26 Biz uning yahudiy emas, majusiy ayol ekanini ta’kidlaymiz. Xudoning tanlangan xalqi bo‘lmish yahudiylar Xudo oldida alohida, imtiyozli mavqega ega edilar. U ular bilan ajoyib ahdlar tuzdi, ularga Muqaddas Bitiklarni ishonib topshirdi va ular bilan avval chodirda, so‘ngra ma’badda yashar edi. Bunga qarama-qarshi o‘laroq, majusiylar Isroil jamiyatidan chetlashtirilgan, va’d ahdlaridan begona, Masihsiz, umidsiz, dunyoda xudosiz edilar (Efes. 2:11−12). Hazrati Iso dastavval Isroil xalqiga keldi. U O‘zini bu xalqning Podshohi sifatida taqdim etdi. Xushxabar avval Isroil xonadoniga va’z qilingan edi. Uning finikiyalik ayol bilan qilgan suhbatini tushunish uchun bularning barchasini yodda tutish muhim. Ayol Isodan qizidan jinni quvib chiqarishni so‘raganida, U keskin rad etgandek ko‘rindi.
7:27 Iso avval bolalar (isroilliklar) to‘yishi kerakligini va bolalardan nonni olib, itlarga (majusiylarga) tashlash to‘g‘ri emasligini aytdi. Uning javobi rad etish emas edi. U: "Avval bolalar to‘ysin," dedi. Bu so‘zlar qo‘pol tuyulishi mumkin edi. Aslida ular ayolning tavbasi va imonini sinovdan o‘tkazish uchun edi. Isoning bu vaqtdagi xizmati asosan yahudiylarga qaratilgan edi. Ayol majusiy bo‘lgani uchun, Undan yoki Uning ne’matlaridan umid qila olmasdi. U bu haqiqatni tan oladimi?
7:28 Ayol buni tan olib, dedi: "To‘g‘ri, Rabbiy. Men majusiy kuchukchaman, xolos. Biroq hatto stol ostidagi kuchuklar ham bolalarning ushoqlarini yeyayotganini ko‘rdim. Men Sendan faqat shuni, ya’ni yahudiylarga qilgan xizmatingdan qolgan ushoqlarni so‘rayapman, xolos."
7:29−30 Bu ajoyib imon edi. Rabbiy darhol qizni uzoqdan shifolab, ayolni taqdirladi. Ayol uyga qaytganida, qizi butunlay sog‘aygan edi.
U. Kar-soqovning shifo topishi (7:31−37)
7:31−32 Rabbimiz O‘rta yer dengizi qirg‘og‘idan Jalila ko‘lining sharqiy qirg‘og‘iga - O‘n shahar deb tanilgan hududga qaytdi. Bu yerda faqat Mark Injilida qayd etilgan voqea sodir bo‘ldi. G‘amxo‘r do‘stlar Uning huzuriga duduqlanadigan karni olib kelishdi. Ehtimol, duduqlanish jismoniy nuqsondan yoki hech qachon aniq tovushlarni eshitmagani uchun ularni to‘g‘ri talaffuz qila olmasligidan kelib chiqqan bo‘lishi mumkin. Har holda, bu yerda Xudoning ovozini eshitmaydigan va shu bois U haqda boshqalarga gapira olmaydigan gunohkorning tasviri keltirilgan.
7:33−34 Avvaliga Iso odamni chetga tortdi. U barmoqlarini uning quloqlariga tiqdi va tupurib, tilini ushladi. Shu tariqa imo-ishora tili bilan odamga uning quloqlarini ochish va tilini yechish niyatida ekanligini ko‘rsatdi. So‘ng Iso osmonga qarab, hokimiyat Xudodan ekanini bildirdi. U chuqur xo‘rsinib, insoniyatni gunoh domiga tortgan azob-uqubatlarga hamdardlik bildirdi. Nihoyat, U oramiy tilida "ochil" degan ma’noni anglatuvchi "effata" so‘zini aytdi.
7:35−36 Odam shu ondayoq normal eshitish va nutqqa ega bo‘ldi. Rabbiy odamlardan bu mo‘jizani oshkor qilmaslikni so‘radi, biroq ular Uning ko‘rsatmalariga quloq solmadilar. Insonning niyati qanchalik yaxshi bo‘lmasin, itoatsizlikni hech qachon oqlab bo‘lmaydi.
7:37 Hozir bo‘lganlar Uning ajoyib ishlaridan hayratda qoldilar. Ular: "U hamma narsani yaxshi qiladi: karlarni eshitadigan, soqovlarni gapiradigan qilib qo‘yadi," deyishdi. Ular o‘zlari aytayotgan haqiqatning chuqur ma’nosini tushunmas edilar. Agar ular Golgofaning bu tomonida yashaganlarida, ularning so‘zlari yanada teranroq his-tuyg‘u va ishonch bilan to‘lgan bo‘lardi.
Qalbimiz Uning sevgisini tanigandan beri,
U bizga ko‘rsatgan marhamat shunchalik ulug‘ki,
Barcha maqtovlarimizdan ham yuksakdir;
Isomiz hamma narsani yaxshi qildi.
(Semyuel Medli)