G. Pilatning hukmi: aybsiz, ammo mahkum etilgan (19:1−16)
19:1 Pilat o‘ta adolatsizlik qilib, begunoh insonni qamchilashni buyurdi. Ehtimol, u bu jazo yahudiylarni qoniqtirib, ular Isoning o‘limini talab qilmasliklariga umid qilgandir. Qamchilash rimliklarning jazo turi edi. Mahbusni qamchi yoki xivich bilan urardilar. Qamchiga metall parchalari yoki suyaklar o‘ralgan bo‘lib, ular tanada chuqur yaralar qoldirardi.
19:2−3 Askarlar Isoni shoh deb masxara qilishdi. Shoh uchun toj! Ammo bu tikanli toj edi. Uni Isoning boshiga bosib qo‘yishgani uchun qattiq og‘riq berardi.
Tikanlar - insoniyatga gunoh keltirgan la’natning ramzidir. Bu yerda biz shon-shuhrat tojiga ega bo‘lishimiz uchun gunohlarimizning la’natini o‘z zimmasiga olgan Rabbimiz Isoni ko‘ramiz. Qirmizi rang ham masxara qilish uchun ishlatilgan. Bu rang shohlik hokimiyatining ramzi edi. U yana Xudoning odillik libosini kiyishimiz uchun gunohlarimiz Isoga yuklanganini eslatadi.
O‘z yaratganlari qo‘l ko‘targan Xudoning abadiy O‘g‘li haqida o‘ylash naqadar hayajonli! U yaratgan og‘izlar endi Uni haqorat qilmoqda!
19:4 Pilat yana xalq oldiga chiqib, Isoni olib kelayotganini, lekin Undan hech qanday ayb topmaganini e’lon qildi. Shunday qilib, Pilat o‘z so‘zlari bilan o‘zini-o‘zi qoraladi. U Masihdan hech qanday ayb topmadi, lekin baribir Uning ketishiga yo‘l qo‘ymadi.
19:5 Iso tikanli toj va qirmizi libosda chiqdi, Pilat esa Uni: "Mana, bu Odam!" deya tanishtirdi. Bu gapni u istehzo bilanmi, achinish bilanmi yoki hech qanday his-tuyg‘usiz aytganini aniqlash qiyin.
19:6 Oliy ruhoniylar Pilat ikkilanayotganini ko‘rib, Iso xochga mixlanishi kerak, deya g‘azab bilan qichqirishdi. Aynan din rahnamolari Najotkorning o‘limiga sababchi bo‘lishgan. Keyingi asrlar davomida ham ko‘pincha cherkovning rasmiy vakillari haqiqiy imondorlarni eng shafqatsiz ta’qib qilishgan. Pilat ulardan va ularning Isoga bo‘lgan asossiz nafratidan nafratlanayotgandek tuyulardi. U shunday javob berdi: "Agar shunday deb o‘ylasanglar, nega uni o‘zlaringiz olib borib xochga mixlamaysizlar? Menimcha, U aybsiz." Biroq Pilat yahudiylar Uni o‘limga hukm qila olmasliklarini bilardi, chunki o‘sha paytda faqat rimliklar hukmni ijro etish huquqiga ega edilar.
19:7 Qaysar hukumatiga Isodan xavf tahdid qilayotganini isbotlay olmasliklarini ko‘rib, ular yana Unga qarshi diniy aybnoma qo‘yishdi. Iso Masih Xudo bilan tenglikka da’vo qilib, O‘zini Xudoning O‘g‘li deb e’lon qildi, deyishdi. Yahudiylarga bu o‘limga loyiq kufrlik bo‘lib tuyuldi.
19:8−9 Pilat Iso Xudoning O‘g‘li bo‘lishi mumkinligini o‘ylab, xavotirga tushdi. Bu tartibsizliklar uni allaqachon tashvishga solib qo‘ygandi, endi u yanada ko‘proq qo‘rqdi.
Pilat Iso bilan birga yana pretoriyaga, ya’ni sud zaliga kirib, Iso qayerdan kelganini so‘radi. Bu voqeada Pilat eng fojiali shaxsdir.
U Iso hech qanday yomonlik qilmaganini tan oldi, ammo baribir Uning ketishiga ruxsat berish uchun ma’naviy jasoratga ega emas edi, chunki u yahudiylardan qo‘rqardi. Nega Iso unga javob bermadi? Ehtimol, Pilat yorug‘likka ega bo‘lsa-da, o‘z nuqtayi nazariga ko‘ra harakat qilishni istamasligini bilgani uchundir. Pilat shu kuni imkoniyatni boy berib, gunohga botdi. U endi boshqa yorug‘lik ololmaydi, chunki o‘zidagi mavjud yorug‘likka javob bermadi.
19:10 Pilat Isoni qo‘rqitib, Uni javob berishga majburlamoqchi bo‘ldi. U Isoga Rim noizi sifatida Uni ozod qilish yoki xochga mixlash huquqiga ega ekanligini eslatdi.
19:11 Rabbimiz Isoning o‘zini tuta bilishi hayratlanarli. U Pilatdan ko‘ra xotirjamroq edi. U vazminlik bilan Pilat qanday hokimiyatga ega bo‘lmasin, bu hokimiyat unga Xudo tomonidan berilganini aytdi. Barcha hukumatlar Xudo tomonidan o‘rnatilgan va har qanday hokimiyat, xoh fuqarolik, xoh diniy bo‘lsin, Xudodandir.
"Meni senga topshirgan" iborasi quyidagilarni anglatishi mumkin: 1) Kayafa, oliy ruhoniy; 2) Yahudo, sotqin yoki 3) umuman yahudiylar. Ma’nosi shuki, yahudiylarning o‘zlari yetarli bilimga ega edilar.
Ularning qo‘lida Masihning kelishini bashorat qiluvchi Muqaddas Bitiklar bor edi. Ular Uni kelganida tanib olishlari kerak edi. Ammo ular Uni rad etishdi va hatto hayotdan mahrum etishni talab qilishdi.
Bu oyat bizga turli darajadagi aybdorlik mavjudligini o‘rgatadi. Pilat aybdor, ammo Kayafa, Yahudo va barcha yovuz yahudiylar undan ko‘ra ko‘proq aybdordir.
19:12 Pilat Isoni ozod qilishga moyil edi, ammo yahudiylar Pilatning o‘zini qoralovchi so‘nggi va eng kuchli dalilni qo‘lladilar: "Agar bu Odamni qo‘yib yuborsang, sen Qaysarning do‘sti emassan." (Qaysar - Rim imperatorining rasmiy unvoni.) Go‘yo ularga qaysarning ishi tushganday! Ular undan nafratlanardilar. Ular uni yo‘q qilib, zulmidan qutulmoqchi edilar.
Shunday bo‘lsa-da, bu yerda ular o‘zlarini qaysar imperiyasini "Men Podshohman" deb da’vo qilayotgan Isodan himoya qilayotgandek ko‘rsatdilar! Milodiy 70-yilda rimliklar Quddusga bostirib kirib, shaharni vayron qilib, aholisini qirib tashlaganda, ular bu dahshatli munofiqlik uchun jazosini olishadi.
19:13 Pilat yahudiylarning uning qaysarga sodiq emasligiga shubha qilishlariga yo‘l qo‘yolmasdi, shuning uchun istamasa-da, olomonga bo‘ysundi. U Isoni shunday ishlar hal qilinadigan, sud mahkamasi deb ataladigan jamoat joyiga olib chiqdi.
19:14 Yahudiylarning Fisih bayrami kecha kechqurun o‘tkazilgandi. Yahudiylarning Fisih bayramiga tayyorgarlik ko‘rish birinchisidan keyingi bayramga tayyorgarlikni anglatardi. "Soat olti" ehtimol ertalabki oltini bildiradi, ammo Injillardagi vaqt hisobi bo‘yicha hal qilinmagan masalalar bor. "Mana, Podshohingiz!" Pilat bu so‘zlarni yahudiylarni ranjitish va g‘azablantirish uchun aytgan bo‘lsa kerak. U, shubhasiz, ularni tuzoqqa tushgani va Isoni hukm qilishga majbur bo‘lgani uchun ayblayotgan edi.
19:15 Yahudiylar Isoni xochga mixlashni talab qilishdi. Pilat zaharxanda bilan: "Podshohingizni xochga mixlamoqchimisizlar?" deb so‘radi. Shunda yahudiylar: "Qaysardan boshqa podshohimiz yo‘q!" deb past ketishdi. Kofir millat! Yovuz butparast hukmdor uchun o‘z Xudosidan voz kechish!
19:16 Pilat yahudiylarga yoqishni istab, Isoni xochga mixlash uchun askarlarga topshirdi. U insonlarning shon-shuhratini Xudoning shon-shuhratidan ko‘ra ko‘proq sevardi.
H. Xochga mixlanish (19:17−24)
19:17 "Xoch" deb tarjima qilingan so‘z alohida xodani yoki xoch shaklida birlashtirilgan ikkita xodani anglatishi mumkin. Har holda u odam ko‘tara oladigan hajmda edi.
Iso xochni yo‘lning bir qismida ko‘tardi. Boshqa Injillarga ko‘ra, keyin uni Kirineyalik Simon ismli odam olgan. Bosh suyagi joyi ikki sababga ko‘ra shunday nom olgan bo‘lishi mumkin: 1) tepalik o‘zi bosh suyagiga o‘xshardi, ayniqsa agar uning yon tomonlarida g‘orlar qazilgan bo‘lsa; hozir Isroilda bu joy "Gordon Golgofasi" deb ataladi; 2) u yerda jinoyatchilarni qatl qilishgan; ehtimol, bu hududda bosh suyagi va suyaklar topilgan, ammo Musoning dafn qonuniga ko‘ra, bu kamroq ehtimollidir.
19:18 Rabbimiz Isoning qo‘l va oyoqlari xochga mixlandi. So‘ng xochni ko‘tarib, yerdagi chuqurga o‘rnatishdi. Sayyoramizda yashab o‘tgan yagona mukammal Inson mana shunday muomalaga duchor bo‘ldi! Agar ilgari Unga Rabbingiz va Najotkoringiz sifatida ishonmagan bo‘lsangiz, U siz uchun qanday o‘lgani haqidagi bu oddiy hikoyani o‘qib, endi ishonmaysizmi?
U bilan birga ikki tomonida ikki qaroqchini ham xochga mixlashdi. Shunday qilib, Ishayo payg‘ambarning (53:12) "...va jinoyatchilar qatoriga qo‘shildi" degan bashorati amalga oshdi.
19:19 Qatl etilgan odamning boshiga uning jinoyatini ko‘rsatuvchi yozuv yozish odati bor edi. Pilat "YAHUDIYLARNING PODSHOHI NOSIRALIK ISO" deb yozib, xochga osib qo‘yishni buyurdi.
19:20 Aleksandr bu voqeani juda ta’sirchan tasvirlagan:
Ibroniy - ota-bobolar va payg‘ambarlarning muqaddas tili. Yunoncha - hissiy idrok va tanani, shuningdek, falsafiy mavhumliklarni kuylagan ohangdor va olijanob til. Lotincha - azaldan insoniyat o‘g‘illari orasida eng kuchli bo‘lgan xalqning tili. Uch til uch irq va ularning qarashlarini - vahiy, san’at, adabiyot, taraqqiyot, urush va huquqshunoslikni ifodalaydi. Bu uch insoniy intilish mavjud bo‘lgan har yerda, inson nutqi yangraydigan har joyda, gunoh qilish uchun yurak, gapirish uchun til, o‘qish uchun ko‘z bor joyda xoch xabar yetkazadi." (Aleksandr, to‘liqroq ma’lumot yo‘q.)
Joy... shaharga yaqin edi. Rabbimiz Iso shahar tashqarisida xochga mixlangan. Aniq joy ma’lum emas.
19:21 Bosh ruhoniylarga yozuv yoqmadi. Ular yozuvda Isoning da’vosi aks etishini, ammo o‘zi haqiqat bo‘lmagan faktni ko‘rsatishni istashdi.
19:22 Pilat yozuvni o‘zgartirishni rad etdi. Yahudiylar uning g‘ashini keltirayotgan edi, endi u ularga hech narsada yon bermaydi. Lekin u avvalroq qat’iyroq bo‘lishi kerak edi!
19:23 Qatldan so‘ng askarlarga o‘lganlarning kiyimlarini olishga ruxsat berilardi. Bu yerda biz ular Masihning kiyimlarini o‘zaro qanday bo‘lishayotganini o‘qiymiz. Ko‘rinishicha, kiyim besh qismga bo‘lindi. Ular kiyimning bir qismini to‘rt bo‘lakka ajratishdi, beshinchisiga esa tikilmagan to‘n tegdi. Uni yirtib yuborilsa, qiymati yo‘qolardi.
19:24 Ular to‘n uchun qur’a tashlashdi va u noma’lum g‘olibga nasib etdi. Ular bunday qilib, ming yil oldin yozilgan ajoyib bashoratni (Zabur 21:19) amalga oshirayotganlarini bilmasdilar! Bu amalga oshgan bashoratlar yana bir bor bu kitob Xudoning ilhomlantirgan Kalomi ekanini va Iso Masih haqiqatan va’da qilingan Masih ekanini eslatadi.
I. Iso onasini Yuhannoga ishonib topshiradi (19:25−27)
19:25 Ko‘pchilik Muqaddas Kitob tadqiqotchilari bu oyatda to‘rtta ayol tasvirlangan deb hisoblaydilar: 1) Isoning onasi Maryam; 2) Maryamning singlisi Salomeya, Yuhannoning onasi; 3) Kleopaning xotini Maryam; 4) Magdalalik Maryam.
19:26−27 O‘z azob-uqubatlariga qaramay, Rabbimiz boshqalarga g‘amxo‘rlik qilishni davom ettirdi. U onasi va sevimli shogirdi Yuhannoni ko‘rib, onasiga Yuhannoni bundan buyon o‘g‘li o‘rnida bo‘lishini aytdi. Onasini "ayol" deb atash bilan Rabbimiz unga nisbatan hurmatsizlik qilmadi.
Lekin e’tiborli jihati shundaki, U uni "Ona" deb atamadi. Bu Maryamni sajda qilish darajasiga ko‘tarmoqchi bo‘lganlar uchun saboq emasmi? Iso Yuhannadan Maryamga o‘z onasidek g‘amxo‘rlik qilishni so‘radi. Yuhanno itoat etib, Maryamni o‘z uyiga olib ketdi.
J. Masih O‘ziga topshirilgan vazifani bajo keltirdi (19:28−30)
19:28 Chamasi, 27 va 28-oyatlar orasida uch soatlik zulmat - tushdan soat uchgacha davom etgan. O‘sha paytda Iso gunohlarimiz uchun jazo tortib, Xudo tomonidan tark etilgan edi. Uning: "Chanqadim!" degan xitobidagi jismoniy tashnalik xoch azobidan kuchaygan bo‘lsa-da, bu insonlar qalbini qutqarishga bo‘lgan ma’naviy tashnaligining jismoniy chanqoqlikdan ustun ekanini ham eslatib turardi.
19:29 Askarlar Unga sirka ichirdilar. (Ba’zi tarjimalarda - "vino sirkasi" yoki "nordon sharob".)
Ehtimol, ular bulutni issop novdasining uchiga bog‘lab, Uning lablariga yaqinlashtirgandir. (Issop - o‘simlik, shuningdek, yahudiylarning Fisih bayramida qo‘llaniladi - Chiqish 12:22.) Buni avvalroq Unga taklif qilingan o‘t bilan aralashtirilgan sirka bilan adashtirmaslik kerak (Matto 27:34). Iso bu aralashmani rad etgan, chunki u og‘riq qoldiruvchi vosita edi. U bizning gunohlarimizni to‘liq hushyorlik bilan ko‘tarishi lozim edi.
19:30 "Bajo bo‘ldi!" Otasi buyurgan ish ado etildi! Ruhi gunoh uchun qurbonlik sifatida tark etdi! Qutqarilish va ozod bo‘lish ishi amalga oshdi! U hali jon bermagan bo‘lsa-da, Uning o‘limi, dafn etilishi va ko‘kka ko‘tarilishi shunchalik muqarrar ediki, go‘yo allaqachon sodir bo‘lgandek edi. Hazrati Iso gunohkorlarni najotga eltuvchi yo‘l ochilganini e’lon qildi. Iso Masihning Golgota xochida qilgan ishlari uchun Xudoga shukronalar aytaylik!
Ba’zi ilohiyotshunoslarning ta’kidlashicha, boshni egish boshni orqaga tashlashni anglatishi mumkin. Vayn yozadi: "U o‘limidan so‘ng beixtiyor bosh egmadi, balki uni ongli ravishda tinch holatga qo‘ydi."
Uning ruhini topshirgani o‘limining ixtiyoriy ekanini ta’kidlaydi. O‘lim fursatini O‘zi belgilagan. U o‘z irodasini to‘liq nazorat qilgan holda, hech bir oddiy inson qila olmaydigan ishni amalga oshirdi.
K. Qutqaruvchining biqiniga nayza sanchiladi (19:31−37)
19:31 Yana bir bor dindor yahudiylarning sovuqqonlik bilan qotillik sodir etishda qanchalik sinchkov bo‘lganliklarini ko‘ramiz. Ular "chivinni eladilar-u, tuyani yutib yubordilar". Ular shanba kuni jasadlar xochda qolmasligi kerakligini unutmaganlar. Axir, shaharda diniy bayram nishonlanayotgan edi-da. Ular Pilatdan qatl etilganlarning uchalasi ham tezroq jon berishi uchun ularning oyoqlarini sindirishni so‘rashdi.
19:32 Muqaddas Bitiklarda oyoqlar qanday sindirilgani tasvirlanmagan. Lekin, chamasi, ularni bir necha joydan sindirishgan, chunki bir joydan sindirish bilan o‘lim yuz bermaydi.
19:33 Bu askarlarda katta tajriba bor edi. Ular Isoning allaqachon jon berganini bilishardi. Holsizlik yoki hushdan ketish ehtimoli butunlay istisno edi. Shu bois, Uning oyoqlarini sindirishmadi.
19:34 Askarlardan biri nima uchun Uning biqiniga nayza sanchgani bizga ayon emas. Ehtimol, bu uning qalbidagi so‘nggi g‘azab alangasi bo‘lgandir. Bu jangdan so‘ng mag‘lub bo‘lgan dushmanning so‘nggi zarbasidek bo‘lib, inson qalbida Xudoga va Masihga bo‘lgan nafratning ildiz otganidan dalolat berardi. Qon va suvning ahamiyati haqida turli xil fikrlar mavjud. Ba’zilar buni yurak yorilishidan o‘lim belgisi deb hisoblashadi, ammo biz Iso o‘z ixtiyori bilan o‘limni qabul qilganini o‘qigan edik. Boshqalar esa buni suvga cho‘mish va Qutlug‘ Kechlik ramzi deb bilishadi, ammo bu ishonchli emas. Qon gunoh aybidan poklanishga, suv esa So‘z vositasida gunoh iflosligidan tozalanishga ishora qiladi. Bu quyidagi misralarda shunday ifodalangan:
Sening teshilgan badaningdan
Oqib chiqayotgan suv va qon
Ikki karra gunohdan forig‘ qilsin,
Meni uning aybi va hokimiyatidan xalos etsin.
(Ogastes Topledi)
19:35 35-oyat Isoning oyoqlari sindirilmaganini, qovurg‘alariga nayza sanchilganini va haqiqatan ham xochga mixlanganini anglatishi mumkin. Ko‘rgan kishida, shubhasiz, Injil muallifi Yuhanno taniladi.
19:36 Bu oyat 33-oyatdagi bashoratga ishora qilib aytilgan so‘zlarni tasdiqlaydi (Chiqish, 12:46): "Uning suyagi sindirilmasin." Bu so‘zlar yahudiylarning Pasxa qo‘zisiga tegishli edi. Xudoning ahdida uning suyaklari butun qolishi shart edi. Masih - haqiqiy Pasxa Qo‘zisi bo‘lib, unda bashorat mutlaq aniqlik bilan amalga oshdi.
19:37 37-oyat 34-oyat bilan bog‘liq. Jangchi o‘z harakati Muqaddas Kitobdagi yana bir ajoyib bashoratga mos kelishini anglamagan (Zakariyo 12:10). "Inson o‘z yovuzligini namoyon etadi, Xudo esa O‘z rejalarini amalga oshiradi". Zakariyoning bashorati kelgusi kunlarga, ya’ni imonli yahudiylar Rabbning yerga qaytishini ko‘radigan paytga ishora qiladi: "Ular sanchilgan Zotga qaraydilar." Ha, ular xuddi yagona o‘g‘illari uchun yig‘laganidek, U uchun yig‘laydilar.
M. Iso Yusufning qabrida dafn etilishi (19:38−42)
19:38 Bu yerda Isoning dafn etilishi tasvirlanadi. Shu paytgacha Arimateyalik Yusuf yashirin shogird edi. Yahudiylardan qo‘rqqani uchun u Masihni ochiqchasiga tan olmagan. Endi esa jasorat bilan oldinga chiqib, Isoning jasadini olib, dafn etishga ruxsat so‘radi. Shunday qilib, u o‘zini quvg‘in, nafrat va ta’qibga duchor qildi. Achinarlisi shuki, Iso hali xalqqa va’z qilayotganida, u rad etilgan Rabbini himoya qilmagan edi.
19:39−40 Yuhanno Injilining o‘quvchilari allaqachon Nikodim bilan tanish, u bir paytlar kechasi Isoning oldiga kelgan (3-bob) va keyinchalik, Isoning ishi Oliy Kengashda ko‘rib chiqilganda, Isoga o‘zini oqlash uchun so‘z berishni talab qilgan (7:50−51). U Yusufga qo‘shildi va o‘zi bilan yuz litr mirra va aloy aralashmasi olib keldi. Bu xushbo‘y moddalar, ehtimol, kukun shaklida bo‘lib, jasadga sepilgan. So‘ngra jasad dafn matolariga o‘raldi.
19:41 Ushbu oyatlardagi deyarli har bir tafsilot bashoratlarda o‘z tasdig‘ini topadi. Ishayo Masihni yovuzlar bilan birga ko‘mishmoqchi bo‘lishlarini, ammo u boy odamning qabrida dafn etilishini bashorat qilgan (Ishayo 53:9). Bog‘dagi yangi qabr, shubhasiz, boyniki edi. Matto orqali bu qabr Arimateyalik Yusufga tegishli ekanini bilamiz.
19:42 Isoning jasadi qabrga qo‘yildi. Quyosh botishi bilan boshlanadigan bayram tufayli yahudiylar jasadni tezroq ko‘zdan yashirmoqchi edilar. Xudoning rejasiga ko‘ra, jasad uch kecha-kunduz yerda bo‘lishi kerak edi. Shuni ta’kidlash lozimki, yahudiylar sutkaning har qanday qismini bir kun deb hisoblashgan. Shunday qilib, Rabbimiz to‘liq bo‘lmagan uch kun davomida qabrda yotdi, bu Uning bashoratiga mos keladi (Matto, 12:40).