Kitobook.com
AudiokitoblarSimfoniyaGuvohliklarVIDEOUzMusic
KITOBLARAudiokitoblarҲикоялар китобиUZMUSICKINOLAR & MultfimlarNAJOT XABARIXushxabar hikoyalariQaraqalpaqsha KitapUzLatin
MakDonaldning Injil kitobiga o'zbek tilidagi sharhlari

Yuhanno Muqaddas xushxabar: 20 Bob

MakDonaldning Injil kitobiga o`zbek tilidagi sharhlari

IX. XUDONING O‘G‘LI TANTANASI (20-bob)

A. Bo‘sh qabr (20:1−10)

20:1 Haftaning birinchi kuni yakshanba edi. Mariya Magdalina tong otmasdan qabr yoniga bordi. Ehtimol, qabr tepalik yoki qoyada o‘yilgan kichik maqbara edi. Tosh tanga shaklida - yumaloq va yassi edi. Uni kirish joyiga dumalatib olib kelib, u chuqurga mahkam o‘rnashib, qabr og‘zini yopib qo‘yardi. Maryam qabr yoniga kelib, toshning ag‘darilganini ko‘rdi. Bu, Matto 28-bobdan bilganimizdek, Masih tirilganidan keyin sodir bo‘lgan.

20:2 Maryam darhol Butrus va Yuhannoning oldiga yugurib borib, nafasini rostlab, kimdir Rabbimizning jasadini qabrdan olib ketganini xabar qildi. U buni kim qilganini aytmadi, faqat "ular" dedi (o‘zbekcha tarjimada bu olmosh tushirib qoldirilgan), ya’ni u bilgan hamma narsa shu edi. Ayollarning sadoqati va vafodorligini ta’kidlash lozim: ular Iso xochda jon berganida ham, tirilganida ham Rabbimizning yonida bo‘lishgan. Shogirdlar Xudovandni tashlab qochib ketishdi. Ayollar esa shaxsiy xavfsizlikka tahdidga e’tibor bermay turishardi. Bu faktni e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydi.

20:3−4 Butrus va Yuhanno shahardan Golgofaning bog‘i tomon shoshayotganda nimalarni o‘ylaganini tasavvur qilish qiyin. Yuhanno, chamasi, Butrusdan yoshroq bo‘lgani uchun qabrga birinchi bo‘lib yetib keldi.

20:5 Ehtimol, qabrda past shift bo‘lgani uchun unga kirish yoki qarash uchun engashish kerak edi.

Yuhanno yotgan kafanlarni ko‘rdi. Ular yechilganmi yoki o‘ralgan tananing shaklini saqlab qolganmi? Bizningcha, keyingisi to‘g‘ri bo‘lsa kerak. Lekin Yuhanno qabrga kirmadi.

20:6−7 Shu payt Butrus yetib keldi va ikkilanmay qabrga kirdi. Unga xos bo‘lgan ozgina shoshqaloqlik uni bizga o‘xshatadi. U yerda yotgan zig‘ir tolasidan to‘qilgan kafanlarni ham ko‘rdi, ammo ularda Xaloskorning jasadi yo‘q edi.

Ro‘molcha haqidagi tafsilot Rabbimizning ketishi xotirjam va shoshilmasdan bo‘lganini ko‘rsatish uchun qo‘shilgan. Agar kimdir jasadni o‘g‘irlagan bo‘lsa, u matoni bunday tartib bilan taxlamagan bo‘lardi!

20:8 Yuhanno qabrga kirib, yaxshilab taxlangan kafan va ro‘molchani ko‘rdi. Ammo "ko‘rdi va ishondi" so‘zlari jismoniy ko‘rishdan ko‘ra ko‘proq ma’noni anglatadi. Ular uning tushunganini nazarda tutadi. Uning ko‘z oldida Masih tirilganining dalili turardi. Bu hodisa unga yuz bergan voqeani tushuntirdi va u ishondi.

20:9 Shu paytgacha shogirdlar haqiqatan ham Masihning o‘likdan tirilishi haqidagi Eski Ahd Yozuvlarini tushunishmagan edi. Xudovand ham bu haqda ularga bir necha bor aytgan edi, lekin ular Uning so‘zlarini qabul qilmadilar. Buni birinchi bo‘lib Yuhanno tushundi.

20:10 Shunday qilib, shogirdlar yana o‘z uylariga - ehtimol Quddusga qaytishdi. Ular qabr oldida kutish befoyda deb o‘ylashdi. Borib, bo‘lgan voqeani boshqa shogirdlarga xabar qilish ma’qulroq edi.

B. Mariya Magdalinaga ko‘rinish (20:11−18)

20:11 Dastlabki ikki so‘z e’tiborga loyiq: "Maryam esa." Qolgan ikki shogird uyiga ketdi, Maryam esa... Bu yerda yana bir bor ayol muhabbati va sadoqatini ko‘ramiz. Unga ko‘p narsa kechirilgan edi, shuning uchun uning muhabbati ham buyuk edi. U yolg‘iz o‘zi qabr yonida qolib, ehtimol jasadni Xudovandning dushmanlari olib ketgandir, deb o‘ylab yig‘lardi.

20:12 Bu safar u qabrga qarab, Isoning jasadi yotgan joyda ikkita farishta o‘tirganini ko‘rdi. Hayratlanarli, bu g‘aroyib hodisalar qanday xotirjamlik bilan, ortiqcha his-hayajonsiz bayon qilinadi.

20:13 Maryam qo‘rqmadi ham, hayron ham bo‘lmadi. U ularning savoliga xuddi oddiy holat bo‘lgandek javob berdi. Uning javobidan ko‘rinib turibdiki, u hali ham Isoning tirilganini va yana tirik ekanini anglamagan edi.

20:14 Shu payt nimadir uni orqaga qarashga undadi. Uning oldida Isoning O‘zi turardi, lekin u Uni tanimadi. Erta tong edi, hali tong yorishmagan edi. U to‘xtovsiz yig‘lagani uchun, tabiiyki, uning ko‘zlari xiralashgandi. Balki Xudo ham unga o‘z vaqtida Rabbini tanitishni istamagan bo‘lishi mumkin.

20:15 Xudovand bu savollarga javoblarni bilardi, lekin U bu so‘zlarni ayolning o‘z og‘zidan eshitishni istardi. Maryam Uni bog‘bon bo‘lsa kerak, deb o‘yladi. Dunyoning Xaloskori odamlarga juda yaqin bo‘lishi va shunga qaramay, tanilmay qolishi mumkin. U doimo kamtarin ko‘rinishga ega - bu dunyoning ulug‘lari kabi emas. Maryam javob berayotib, Uni Rabbim deb atamadi. U ikki marta Isoga "sen" deb murojaat qildi. U faqat bitta Zot haqida qayg‘urardi va suhbatdoshining kimligini aniqlash shart emasdek tuyuldi.

20:16 Endi Maryam o‘z ismini aytayotgan tanish ovozni eshitdi. Xato bo‘lishi mumkin emas edi - bu Iso!

U Isoni "Rabbuniy," ya’ni "Ustoz" deb atadi. Aslida, u hamon U haqda o‘zi bilgan Ustoz sifatida o‘ylardi. U tushunmasdi: endi Iso uning ustozidan ham ulug‘roq - U uning Xudosi va Xaloskori edi. Xudovand unga kelajakda O‘zini tanishning yanada mukammalroq usulini tushuntirishga tayyor edi.

20:17 Maryam Isoni Inson sifatida shaxsan tanir edi. U Iso inson tanasida bo‘lganida U yaratgan mo‘jizalarni ko‘rgan edi. Shuning uchun u shunday xulosaga keldi: agar U unga shunchaki ko‘rinib, O‘zi ko‘rinmas bo‘lsa, unda u barakadan umid qila olmaydi. Rabbimiz uning fikrlarini to‘g‘rilashi kerak edi. U shunday dedi: "Menga oddiy Inson sifatida teginma, chunki Men hali Otamning huzuriga ko‘tarilganim yo‘q. Men osmonga qaytganimdan so‘ng, Muqaddas Ruh yerga yuboriladi. U kelgach, Meni sening qalbingda sen hech qachon bilmagan tarzda oshkor etadi. Men senga bu yerdagi hayotimdagidan ko‘ra yaqinroq va azizroq bo‘laman."

So‘ng U Maryamga shogirdlari oldiga borib, ularga O‘zining yangi amrini yetkazishni buyurdi.

Birinchi marta Rabbimiz shogirdlarini "birodarlarim" deb atadi. Ular Uning Otasi ularning Otasi va Uning Xudosi ularning Xudosi ekanligini bilishlari kerak edi. Endi imonlilar "Xudoning farzandlari" va "merosxo‘rlari" bo‘lishdi.

Hazrati Iso: "Bizning Otamiz," demadi, balki: "Mening Otam va sizning Otangiz," dedi. Gap shundaki, Xudo bizning Otamiz bo‘lgani kabi Uning Otasi emas. Xudo azaldan Rabbimiz Isoning Otasidir. Masih - abadiy O‘g‘ildir. O‘g‘il Otasi bilan tengdir. Biz Xudoning asrandi farzandlarimiz. Bu munosabatlar najot topganimizda boshlanadi va hech qachon tugamaydi. Xudoning farzandlari sifatida biz Xudoga teng emasmiz va hech qachon teng bo‘lmaymiz.

20:18 Mariya Magdalina o‘z vazifasiga itoat etdi va kimdir aytganidek, "birinchi havoriy" bo‘ldi. Bu ulkan sharaf unga Isoga sadoqati evaziga berilganiga shubha qilishimiz mumkinmi?

D. Uning shogirdlar oldida paydo bo‘lishi (20:19−23)

20:19 Yakshanba kechqurun edi. Shogirdlar uch kun oldin uchrashgan yuqori qavatdagi xonaga yig‘ilishgan bo‘lsa kerak. Yahudiylardan qo‘rqqanlari uchun eshiklar qulflab qo‘yilgandi. To‘satdan ular o‘rtalarida turgan Isoni ko‘rib qolishdi va Uning: "Sizlarga tinchlik bo‘lsin!" degan ovozini eshitishdi. Rabbimiz eshikni ochmay xonaga kirgani aniq edi. Mo‘jiza yuz berdi. Shuni yodda tutish kerakki, tirilganidan keyin Uning tanasi haqiqiy go‘sht va suyakdan iborat edi. Shunga qaramay, U to‘siqlardan o‘tish va tabiiy qonunlardan mustaqil ravishda harakat qilish qudratiga ega edi. "Sizlarga tinchlik bo‘lsin" so‘zlari endi yangi ma’no kasb etdi, chunki Masih tinchlikni xochdagi O‘z qoni bilan ta’minlagan edi. Imon bilan oqlangan kishilar Xudo bilan tinchlikka ega bo‘lishdi.

20:20 Tinchlikni e’lon qilganidan so‘ng, U ularga tinchlikka erishish uchun chekkan azob-uqubatlarining izlarini ko‘rsatdi. Ular mix va nayza yetkazgan jarohatlarni ko‘rishdi. Ular bu haqiqatan ham Rabbimiz ekanligini tushunganlarida, qalblari quvonchga to‘ldi. U aytganini qildi. U o‘likdan tirildi. Tirilgan Rabbimiz masihiy uchun quvonch manbaidir.

20:21 21-oyat juda go‘zal. Mo‘minlar Uning tinchligidan faqat o‘zlari bahramand bo‘lmasliklari kerak. Uni boshqalar bilan baham ko‘rishlari lozim. Otasi Uni yuborgani kabi, U ham ularni yuborayotgan edi.

Masih dunyoga kambag‘al Inson bo‘lib keldi.

U xizmatkor bo‘lib keldi. U butun O‘zini baxshida etdi.

U Otasining irodasini bajonidil bajardi.

U inson qiyofasiga kirdi. U faqat yaxshilik qilardi.

U Muqaddas Ruh kuchi bilan faoliyat yuritardi.

Uning maqsadi xoch edi.

Iso shogirdlariga: "Men ham sizlarni xuddi shunday yuboryapman," dedi.

20:22 Bu butun Injildagi eng qiyin oyatlardan biridir. Iso shogirdlariga qarab puflab: "Muqaddas Ruhni qabul qilinglar," deganini o‘qiymiz. Qiyinchilik shundaki, Muqaddas Ruh Hosil bayramigacha berilmagan edi.

Agar bu voqealar bir vaqtning o‘zida sodir bo‘lmagan bo‘lsa, Rabbimiz bu so‘zlarni qanday aytishi mumkin edi?

Buning bir nechta izohlari bor: 1) ba’zilar Rabbimiz ularga Hosil bayramida Muqaddas Ruhni olishlarini va’da qilgan, deb taxmin qilishadi. Bu to‘g‘ri izoh bo‘lmasa kerak; 2) boshqalar Najotkor bu yerda "Muqaddas Ruhni qabul qiling" emas, balki "Ruhni qabul qiling" deganini ta’kidlashadi. Bundan ular o‘sha paytda shogirdlar Muqaddas Ruhni to‘liq emas, balki Ruhning qisman xizmatini, masalan, haqiqatni chuqurroq bilish yoki vazifalarini bajarish uchun hokimiyat va yo‘l-yo‘riq olganlar, degan xulosaga kelishadi. Ularning aytishicha, shogirdlar kafolat olishgan, ya’ni Muqaddas Ruhdan tatib ko‘rishgan; 3) ba’zilar esa bu vaqtda shogirdlarga Muqaddas Ruhning to‘liq quyilishi sodir bo‘lgan, deb hisoblashadi. Bu ehtimoldan yiroq ko‘rinadi, chunki Luqo (24:49) va Havoriylar (1, 4, 5, 8)da Muqaddas Ruhning kelishi hali ham kelajak voqea sifatida tilga olingan. 7:39 dan ko‘rinib turibdiki, Iso ulug‘lanmaguncha, ya’ni U osmonga qaytmaguncha, Ruh to‘liq tushishi mumkin emasdi.

20:23 Bu ko‘plab qarama-qarshiliklarga sabab bo‘ladigan yana bir mushkul oyatdir. Birinchi nuqtayi nazar shunday: Iso aslida o‘z havoriylariga (va ularning taxminiy vorislariga) gunohlarni kechirish yoki kechirmaslik vakolatini bergan. Bu fikr Muqaddas Kitobga butunlay zid, chunki unda faqat Xudo gunohlarni kechira olishi ta’kidlangan (Luqo 5:21).

Gabelin ikkinchi nuqtayi nazarni keltiradi: "Va’da qilingan hokimiyat va obro‘ Injil va’ziga muvofiq berilgan. Shogirdlar faqat qanday shartlar bilan gunohlar kechirilishini e’lon qiladilar, agar bu shartlar qabul qilinmasa, gunohlar kechirilmaydi." Biz qo‘shiladigan uchinchi nuqtayi nazar (ikkinchisiga o‘xshash) shunday: shogirdlarga gunohlarning kechirilganini e’lon qilish huquqi berilgan.

Uchinchi fikrni tushuntirishga ruxsat eting. Shogirdlar Injilni va’z qilmoqdalar. Ba’zi odamlar gunohlaridan tavba qilib, Rabbimiz Isoni qabul qiladilar. Shogirdlar ularga gunohlari kechirilganini aytishga vakolatlidirlar. Boshqalar esa tavba qilishdan bosh tortib, Masihga ishonishmaydi. Shogirdlar bunday kishilarga hali ham gunohda ekanliklarini va o‘lganlarida abadiy halok bo‘lishlarini aytishga haqlidirlar.

Bu tushuntirishga qo‘shimcha ravishda, Rabbimiz shogirdlariga muayyan gunohlar bilan shug‘ullanish uchun alohida vakolat berganiga ham e’tibor qaratishimiz kerak. Misol uchun, Havoriylar 5:1-11 da Butrus bu hokimiyatdan foydalanib, Hananiya va Sapfiraning o‘limiga sabab bo‘lgan.

Pavlus gunohni buzuqlarga qoldiradi (1Korinfliklarga 5:3-5,12,13) va gunohni kechiradi (2Korinfliklarga 2:4-8). Bu holatlarda gunohlar jazosidan ozod qilish shu hayotdayoq amalga oshadi.

E. Shubha imonga aylanishi (20:24-29)

20:24 Foma shogirdlar bilan birga bo‘lmagani uchun aybdor, degan shoshilinch xulosaga kelmaslik kerak. Uning yo‘qligi sababini bilmaymiz.

20:25 Fomani ishonchsizlikda ayblash lozim. U Rabbning tirilgani haqida ko‘rinadigan, moddiy dalilga ega bo‘lishni istardi, aks holda ishonmasdi. Bugun ham ko‘pchilik shunday fikr yuritadi, ammo bu oqilona emas. Hatto olimlar ham ko‘rmaydigan va "ushlab ko‘ra olmaydigan" ko‘p narsalarga ishonishadi.

20:26 Bir haftadan so‘ng Rabbimiz yana shogirdlariga ko‘rindi. Bu safar Foma ham ular bilan edi. Rabbimiz Iso yana g‘ayritabiiy tarzda xonaga kirib: "Sizlarga tinchlik bo‘lsin!" deya salomlashdi.

20:27 Rabbimiz O‘zining ishonchsiz shogirdi bilan juda mehribonlik va sabr-toqat bilan muomala qildi. U Fomaga Isoning haqiqatan tirilganiga ishonch hosil qilishi uchun qovurg‘asidagi nayza yarasiga qo‘lini tiqib ko‘rishni taklif etdi.

20:28 Foma ishonch hosil qildi. Biz uning Rabbning biqinidagi jarohatni ushlagan-ushlamaganini bilmaymiz. Biroq u nihoyat Isoning tirilganini hamda Rabbimiz va Xudo ekanligini angladi. Jon Boyz bu haqda go‘zal yozgan: "U ko‘rinmas Ilohiylikni ko‘rinadigan yaralar orqali tan oldi."

20:29 Shuni ta’kidlash muhimki, Iso Xudoga kabi sajda qilishni qabul qildi. Agar U faqat inson bo‘lganida, O‘ziga bunday murojaat qilishni man etgan bo‘lardi. Biroq Fomaning imoni Rabbga to‘la ma’qul kelmadi. Chunki bu imon ko‘rinadigan narsaga asoslangan edi. Ko‘rmay turib ishonganlar yanada baxtlidir.

Eng ishonchli dalil - Xudoning Kalomidir. Agar Xudoning so‘zlariga ishonsak, Unga hurmat ko‘rsatgan bo‘lamiz. Aksincha, qo‘shimcha dalillar talab qilsak, Unga hurmat ko‘rsatmagan bo‘lamiz. Biz shunchaki ishonishimiz kerak, chunki U shunday degan, U yolg‘on gapirmaydi va adashmaydi.

F. Yuhanno Xushxabarining maqsadi (20:30-31)

Iso yaratgan barcha mo‘jizalar Yuhanno Injilida yozilmagan. Muqaddas Ruh ularning orasidan O‘z maqsadlariga eng mos keladiganlarini tanlab olgan. Yuhanno yozgan kitob aynan shunday. Bu kitob o‘quvchilar Isoning haqiqiy Masih va Xudoning O‘g‘li ekanligiga ishonishlari uchun yozilgan. Ular imon keltirib, Uning nomi bilan abadiy hayotga ega bo‘ladilar. Siz imon keltirdingizmi?

Muqaddas Kitob ONLINE

1 Yakshanba kuni erta saharda, kun yorishmasdan, Magdalalik Maryam qabrning oldiga kelib, qabr og‘zidagi toshning ag‘darilganini ko‘rdi.
2 U yugurib, Shimo‘n Butrus va Isoning sevikli shogirdi oldiga borib dedi: — Hazratimizning jasadini qabrdan olib ketishibdi. Uni qayerga qo‘yishganini bilmaymiz.
3 Butrus va boshqa shogird qabr tomon jo‘nashdi.
4 Ikkovi birga yugurib ketishdi. Ammo u shogird Butrusdan tezroq yugurib, qabrga birinchi bo‘lib yetib keldi.
5 U engashib ichkariga qaradi– da, u yerda yotgan kafanni ko‘rdi. Lekin qabrga kirmadi.
6 Uning orqasidan Shimo‘n Butrus yetib kelib, qabrga kirdi. U yerda yotgan kafanni
7 va Isoning boshiga o‘ralgan ro‘molni ko‘rdi. Ammo ro‘mol kafan bilan birga emas, alohida joyga yig‘ishtirib qo‘yilgan edi.
8 Shunda avval kelgan shogird ham qabrga kirdi. Ko‘rganidan keyingina ishonch hosil qildi.
9 Chunki ular Muqaddas Bitiklardagi, Iso o‘likdan tirilishi kerak, degan so‘zlarni shu paytgacha tushunmagan edilar.
10 Shundan so‘ng shogirdlar yana o‘z uylariga qaytib ketdilar.
11 Maryam esa qabrning tashqarisida turganicha, yig‘lar edi. Yig‘layotib, bir egilib qabr ichiga qaradi.
12 Shunda oq kiyim kiygan ikki farishtani ko‘rib qoldi. Biri Isoning jasadi yotgan joyning bosh tomonida, ikkinchisi esa oyoq tomonida o‘tirgan edi.
13 Ular Maryamga: — Ey ayol, nega yig‘layapsan? — deyishdi. — Hazratimning jasadini olib ketishibdi, Uni qayerga qo‘yishganini bilmayman, — dedi u.
14 Shunday dedi–yu, orqasiga burilib, u yerda turgan Isoni ko‘rdi. Lekin Uning Iso ekanligini bilmadi.
15 — Ey ayol, nega yig‘layapsan? Kimni qidiryapsan? — deb so‘radi undan Iso. Maryam Uni bog‘bon deb o‘yladi. Unga shunday dedi: — Taqsir, agar Uni siz olib ketgan bo‘lsangiz, qayerga qo‘yganingizni menga ayting, men borib Uni olay.
16 Iso unga: — Maryam! — dedi. Maryam Isoga qayrilib: — Rabbuniy! — dedi. (Rabbuniy oromiychada “Ustozim” demakdir).
17 — Meni ushlab turma! — dedi Iso Maryamga. — Men Otaning oldiga chiqib ketyapman. Sen borib birodarlarimga gaplarimni yetkaz: “Men Otamning oldiga chiqib ketyapman. U sizlarning ham Otangizdir. U Mening Xudoyim va sizlarning Xudoyingizdir.”
18 Shunda Magdalalik Maryam shogirdlarning oldiga borib: — Men Rabbimiz Isoni ko‘rdim! — dedi. So‘ng Isoning unga aytgan gaplarini ularga yetkazdi.
19 O‘sha yakshanba kuni oqshomda shogirdlar to‘plangan edilar. Ular yahudiylardan qo‘rqib, uyning eshiklarini qulflab olgan edilar. Shu payt Iso keldi, o‘rtalarida turib shogirdlariga: — Sizlarga tinchlik bo‘lsin! — dedi.
20 So‘ng ularga qo‘llarini va biqinini ko‘rsatdi. Shogirdlar Rabbimiz Isoni ko‘rib, xursand bo‘lib ketdilar.
21 Iso yana ularga dedi: — Sizlarga tinchlik bo‘lsin! Ota Meni dunyoga yuborgani singari, Men ham sizlarni dunyoga yuboryapman.
22 Shunday deb, ularning ustiga pufladi–da: — Muqaddas Ruhni qabul qilinglar, — dedi.
23 — Sizlar kimning gunohlarini kechirsangizlar, u kechiriladi. Kimning gunohlarini kechirmasangizlar, u kechirimsiz qolaveradi.
24 O‘n ikki shogirddan biri, “Egizak” laqabli To‘ma, Iso kelganda u yerda shogirdlar orasida yo‘q edi.
25 Boshqa shogirdlar unga: — Biz Rabbimiz Isoni ko‘rdik, — deyishdi. To‘ma ularga shunday dedi: — Uning qo‘llaridagi mix chandiqlarini o‘zim ko‘rmagunimcha, mix chandiqlariga barmog‘imni tekkizmagunimcha, biqiniga qo‘lim bilan tegib ko‘rmagunimcha ishonmayman.
26 Keyingi yakshanba kuni Isoning shogirdlari yana uyda to‘plangan edilar. Bu safar To‘ma ham ular bilan birga edi. Uyning eshiklari qulf edi. Shunga qaramay Iso kirdi, o‘rtalarida turib: — Sizlarga tinchlik bo‘lsin! — dedi.
27 Keyin To‘maga qarab: — Barmog‘ingni bu yoqqa tekkiz! Qo‘llarimni ko‘r. Qo‘lingni uzatib, biqinimga tegib ko‘r. Ikkilanishni bas qil, ishon! — dedi.
28 To‘ma Isoga: — Yo Rabbim, Xudoyim! — dedi.
29 Iso unga shunday dedi: — Sen Meni ko‘rganing uchun ishonding. Meni ko‘rmay ishonganlar naqadar baxtlidirlar!
30 Shogirdlar bu kitob tarkibiga kiritilmagan Isoning yana ko‘p mo‘jizali alomatlariga guvoh bo‘lganlar.
31 Kitobga kiritilgan mo‘jizlar esa sizlar uchun yozilgan. Toki sizlar Isoning Masih, Xudoning O‘g‘li ekanligiga ishonib, bu imoningiz tufayli hayotga ega bo‘linglar.
  • Kirish
  • More pages
  • 19
  • 20
  • 21