Kitobook.com
AudiokitoblarSimfoniyaGuvohliklarVIDEOUzMusic
KITOBLARAudiokitoblarҲикоялар китобиUZMUSICKINOLAR & MultfimlarNAJOT XABARIXushxabar hikoyalariQaraqalpaqsha KitapUzLatin
MakDonaldning Injil kitobiga o'zbek tilidagi sharhlari

Yuhanno Muqaddas xushxabar: 3 Bob

MakDonaldning Injil kitobiga o'zbek tilidagi sharhlari

I. Iso Nikodimga yuqoridan tug‘ilish haqida aytib beradi (3:1−21)

3:1 Nikodimning hikoyasi hozirgina sodir bo‘lgan voqeadan keskin farq qiladi. Quddusda ko‘pchilik yahudiylar Xudoga ishonganlarini ta’kidlashardi, ammo U ularning imoni chin emasligini bilardi. Nikodim bundan mustasno edi. Rabbimiz unda haqiqatni bilishga bo‘lgan jiddiy ishtiyoqni payqadi. Quyidagi oyatni keltirish lozim: "Farziylar orasida yahudiy rahbarlaridan biri Nikodim ismli kishi bor edi". (Yunoncha "de" bog‘lovchisi ruscha "mejdu" deb tarjima qilinib, "va", "endi", "lekin" kabi ma’nolarni anglatishi mumkin. Zamonaviy inglizcha Injillar uni ko‘pincha tushirib qoldirishga moyil. Bu KJVda yo‘q bo‘lgan kam sonli joylardan biri bo‘lib, NKJV undan o‘rnak olgan.)

Nikodimga ustoz sifatida munosabatda bo‘lishardi. Ehtimol, u bilim olish uchun Rabbimiz huzuriga kelgan, so‘ng qaytib borib, uni yahudiylar bilan baham ko‘rmoqchi bo‘lgandir.

3:2 Muqaddas Kitobda Nikodim nima uchun kechasi Isoning oldiga kelgani haqida hech narsa aytilmagan. Eng aniq tushuntirish shuki, u Isoning oldiga borayotganini bilib qolishlaridan qo‘rqqan, chunki yahudiylarning ko‘pchiligi Rabbimizni qat’iyan qabul qilmasdi. Biroq u baribir Isoning oldiga keldi. Nikodim Rabbimiz haqiqatan ham Xudo tomonidan yuborilgan Ustoz ekanligini tasdiqladi, chunki Xudo bo‘lmaganda hech kim bunday mo‘jizalar yarata olmasdi. O‘rgangan bilimlariga qaramay, Nikodim Rabbimizni tanada zohir bo‘lgan Xudo deb qabul qilmadi. U bugungi kunda Isoni buyuk inson, ajoyib ustoz, buyuk shaxs deb tan oladiganlarga o‘xshardi. Bu fikrlarning barchasi to‘liq haqiqatdan yiroq. Iso Xudo bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi.

3:3 Bir qarashda Isoning javobi Nikodimning hozirgina aytgan gapiga aloqador emasdek tuyuladi. Rabbimiz unga shunday javob berdi: "Nikodim, sen huzurimga nimanidir o‘rganish uchun kelding, ammo sening haqiqiy ehtiyojing yuqoridan tug‘ilishdir. Sen shundan boshlashing kerak. Yuqoridan tug‘ilmagan kishi Xudoning Shohligini ko‘ra olmaydi."

Rabbimiz bu ajoyib iborani: "Haq, haq aytaman senga..." degan so‘zlar bilan boshladi (so‘zma-so‘z: "Omin, omin"). Bu so‘zlari bilan U muhim bir haqiqat kelishini ma’lum qildi. Boshqa yahudiylar singari, Nikodim ham Isroilni Rim hukmronligidan ozod qiladigan Masihni kutayotgan edi. O‘sha paytda Rim imperiyasi dunyoga hukmronlik qilar, yahudiylar uning qonunlari va hukumatiga bo‘ysunardi. Nikodim Masih yer yuzida o‘z Shohligini o‘rnatishini, yahudiylar boshqa xalqlar orasida birinchi bo‘lishini va barcha dushmanlari yo‘q qilinishini intizorlik bilan kutardi. Shunda Rabbimiz Nikodimga ma’lum qiladi: bu Shohlikka kirish uchun inson yuqoridan tug‘ilishi kerak.

Birinchi tug‘ilish jismoniy hayot uchun qanchalik zarur bo‘lsa, ikkinchi tug‘ilish ham Ilohiy hayot uchun shunchalik zarurdir. ("Yuqoridan tug‘ilgan" iborasi "qaytadan tug‘ilgan" degan ma’noni ham anglatishi mumkin.) Boshqacha aytganda, Masihning Shohligiga faqat hayoti o‘zgargan kishilargina kira oladi. Uning hukmronligi solih bo‘ladi, shuning uchun Uning fuqarolari ham solih bo‘lishlari kerak. U gunoh qilishda davom etayotgan odamlarni boshqara olmaydi.

3:4 Yana shuni ko‘ramizki, odamlarga Rabbimiz Isoning so‘zlarini tushunish qanchalik qiyin bo‘lgan. Nikodim hamma narsani so‘zma-so‘z qabul qilardi. U qanday qilib katta odam yana tug‘ilishi mumkinligini anglay olmasdi.

U jismoniy dunyoda bu jarayonning bo‘lishi mumkin emasligini tushunib, hayron edi: nahotki inson yana bir bor onasining qorniga kirib tug‘ilishi mumkin bo‘lsa?

Nikodim "tabiiy inson Xudoning Ruhidan bo‘lgan narsalarni qabul qilmaydi, chunki u buni aqlsizlik deb biladi; u buni tushuna olmaydi, chunki bu haqda ruhiy mulohaza yuritish kerak" (1 Korinfliklarga 2:14) degan oyatning yorqin misolidir.

3:5 Davom etib, Iso Nikodimga suv va Ruhdan tug‘ilishi kerakligini aytdi. Aks holda u hech qachon Xudoning Shohligiga kira olmaydi. Iso nimani nazarda tutgan? Ko‘pchilik "suv" so‘zining lug‘aviy ma’nosini ta’kidlab, Iso Masih najotning sharti sifatida suvga cho‘mish zarurligi haqida gapirgan, deb hisoblaydi.

Biroq bunday ta’limot Muqaddas Kitobning qolgan qismiga ziddir. Xudoning Kalomida aytilishicha, najot faqat Rabbimiz Iso Masihga ishonish orqali qo‘lga kiritiladi. Cho‘qintirishni allaqachon najot topganlar qabul qilishlari kerak; u najot vositasi emas.

Ba’zilar bu oyatdagi suvni Xudoning Kalomiga ishora deb o‘ylashadi.

Efesliklarga 5:25-26 da suv Xudoning Kalomi bilan chambarchas bog‘liq. 1 Butrus 1:23 va Yoqub 1:18 ga ko‘ra, yuqoridan tug‘ilish Xudoning Kalomi orqali sodir bo‘ladi. Bu oyatdagi suv chindan ham Muqaddas Kitobning ramzi bo‘lishi mumkin. Muqaddas Yozuvlarsiz hech qanday najot yo‘qligini bilamiz, chunki faqat Xudoning Kalomida gunohkor odam yuqoridan tug‘ilishdan oldin nima qilishi kerakligi haqida xabar berilgan.

Ammo suv Muqaddas Ruhga ham tegishli bo‘lishi mumkin. Yuhannoda (7:38−39) Rabbimiz Iso tirik suv daryolari haqida gapirganda, "suv" so‘zi orqali Muqaddas Ruhni nazarda tutgani aniq. Agar suv 7-bobda Ruhning ramzi bo‘lsa, nima uchun 3-bobda ham xuddi shunday ma’noga ega bo‘lmasligi kerak?

Biroq, bunday talqinni qabul qilsak, quyidagi qiyinchilik yuzaga kelishi mumkin. Iso shunday deydi: "Suv va Ruhdan tug‘ilmagan kishi Xudoning Shohligiga kira olmaydi". Agar bu yerda suv Ruhni anglatsa, demak, bu oyatda Ruh ikki marta tilga olingan bo‘ladi.

Lekin bu yerda "va" deb tarjima qilingan so‘zni "ya’ni" deb tarjima qilish to‘g‘riroq bo‘lardi. Bunday holda oyat quyidagicha o‘qiladi: "Kim suvdan, ya’ni Ruhdan tug‘ilmasa, Xudoning Shohligiga kira olmaydi". Bizningcha, oyatning to‘g‘ri ma’nosi shunday. Jismoniy tug‘ilishning o‘zi yetarli emas. (Ruhiy va jismoniy tug‘ilishni qarama-qarshi qo‘yish kontekstiga yana bir asosli tushuntirish berish mumkin: suv jismoniy tug‘ilishni, Ruh esa Muqaddas Ruhni anglatadi. Ravvinlar "suv" so‘zini erkak urug‘iga nisbatan ishlatishgan; suv chaqaloq tug‘ilganda yoriladigan homila pufagini ham anglatishi mumkin.) Xudoning Shohligiga kirish uchun ma’naviy tug‘ilish sodir bo‘lishi kerak. Bu ruhiy tug‘ilishni inson Rabbimiz Iso Masihga ishonganida Xudoning Muqaddas Ruhi amalga oshiradi. Ushbu talqin "Ruhdan tug‘ilgan" iborasining keyingi oyatlarda ikki marta uchrashi bilan tasdiqlanadi (6- va 8-oyatlar).

3:6 Agar Nikodim qandaydir yo‘l bilan onasining qorniga boshqa safar kirib, qayta tug‘ilganida ham, bu uning gunohkor tabiatini o‘zgartirmagan bo‘lardi. "Tanadan tug‘ilgan tanadir" iborasi zaminiy ota-onadan tug‘ilgan farzandlar gunohkor, tuzalmas va o‘zlarini qutqara olmaydilar, degan ma’noni anglatadi. Boshqa tomondan, Ruhdan tug‘ilgan narsa ruhdir.

Ruhiy tug‘ilish inson o‘zini Rabbimiz Isoga topshirganida sodir bo‘ladi. Inson Ruh kuchi bilan yuqoridan tug‘ilganda, u yangi mohiyatga ega bo‘ladi va Xudoning Shohligiga kira oladi.

3:7 Nikodim Rabbimiz Isoning ta’limotidan hayratlanmasligi kerak edi. U yuqoridan tug‘ilish zarurligini va inson o‘zining ayanchli ahvolini tuzatishga mutlaqo qodir emasligini tushunishi kerak edi. U Xudoning Shohligiga kirish uchun muqaddas, pok va ma’naviy bo‘lish kerakligini anglashi lozim edi.

3:8 Hazrati Iso ma’naviy haqiqatni tushuntirish uchun ko‘pincha tabiatdan misollar keltirardi. Bu yerda ham shu usulni qo‘lladi. U Nikodimga shamol o‘zi xohlagan joyda esishini, uning ovozini eshitish mumkinligini, ammo qayerdan kelib, qayerga ketishini bilmasligini eslatdi. (Ibroniy va yunon tillarida "ruh" so‘zi bir vaqtning o‘zida "shamol" va "nafas" degan ma’noni anglatadi.) Yuqoridan tug‘ilish mana shu shamolga juda o‘xshaydi. Birinchidan, bu Xudoning irodasi bilan sodir bo‘ladi. Bu kuch insonga bo‘ysunmaydi. Ikkinchidan, yangi tug‘ilish ko‘zga ko‘rinmaydi. Siz uning qanday sodir bo‘lishini ko‘ra olmaysiz, lekin uning natijalarini inson hayotida ko‘rasiz. Inson najot topsa, unda tub o‘zgarishlar sodir bo‘ladi.

Ilgari yaxshi ko‘rgan yovuzlikdan endi nafratlanadi. Ilgari u mensimaydigan Xudoning barcha narsalari endi uning yagona sevganiga aylanadi. Shamolni hech kim to‘la-to‘kis tushuna olmaydi; yangi tug‘ilishni ham - inson to‘la-to‘kis anglab yetishga qodir bo‘lmagan Xudo Ruhining bu ajoyib ishini ham tushunib bo‘lmaydi. Bundan tashqari, yangi tug‘ilish o‘zining kutilmaganligi bilan shamolga o‘xshaydi. U qachon va qayerda sodir bo‘lishini oldindan aytish imkonsiz.

3:9 Nikodim yana bir bor o‘zining insoniy aqli Ilohiy narsalarni tushunishga ojizligini ko‘rsatdi. Shubhasiz, u hali ham yangi tug‘ilish haqida ma’naviy emas, balki tabiiy yoki jismoniy hodisa sifatida o‘ylashda davom etardi. Shunda u Hazrati Isodan: "Bu qanday bo‘lishi mumkin?" - deb so‘radi.

3:10 Iso javob berib, Nikodim isroilliklarning ustozi sifatida buni tushunishi kerakligini aytdi. Tavrotda aniq qilib aytilishicha, Masih yer yuziga qaytib, O‘z Shohligini o‘rnatganida, avvalo dushmanlari ustidan hukm chiqaradi va barcha vasvasalarni yo‘q qiladi. Faqat gunohlariga tavba qilganlargina Xudoning Shohligiga kiradilar.

3:11 Keyin Iso Masih O‘z ta’limotining benuqsonligini va insonning Uning barcha ta’limotlariga ishonmayotganini ta’kidladi. Abadiy mavjud bo‘lgani uchun, U O‘z ta’limotining haqiqatini bilar va faqat o‘zi bilgan va ko‘rgan narsalar haqida gapirardi. Lekin Nikodim va o‘sha vaqtdagi yahudiylarning ko‘pchiligi Uning guvohligiga ishonishdan bosh tortdilar.

3:12 Bu oyatda Rabbimiz ishora qilgan yerga oid narsa nima? Bu yerda U O‘zining yer yuzidagi Shohligini nazarda tutyapti.

Nikodim Eski Ahddan, bir kun kelib Masih kelishini va bu yerda, yer yuzida poytaxti Quddus bo‘lgan O‘z Saltanatini o‘rnatishini bilardi. Ammo Nikodim bu Shohlikka faqat yuqoridan qayta tug‘ilgandagina kirish mumkinligini tushunmadi. Keyin Rabbimiz aytgan samoviy narsa nima? Bu keyingi oyatlarda tushuntiriladigan haqiqatlar bo‘lib, insonning yuqoridan qayta tug‘ilishiga imkon beradigan ajoyib vositadir.

3:13 Rabbimiz Iso samoda bo‘lgani uchun samoviy narsalar haqida gapirish huquqiga ega bo‘lgan yagona Zot edi. U shunchaki Xudo tomonidan yuborilgan Ustoz emas, balki azaldan Xudo Ota bilan birga yashab, dunyoga kelgan Zot edi. Hech kim osmonga ko‘tarilmagan, deganda, Hanux va Ilyos kabi Eski Ahd avliyolari o‘zlari ko‘tarilmaganini, balki osmonga olib ketilganini, U esa O‘z qudrati bilan osmonga ko‘tarilganini nazarda tutgan. Yana bir izoh shuki, Xudoning huzuriga Undan boshqa hech bir inson doimo yetib bora olmagan. U Xudoning maskaniga o‘ziga xos yo‘l bilan ko‘tarila olardi, chunki U osmondan yerga tushgan edi.

Rabbimiz Iso yer yuzida turib, Nikodim bilan suhbatlashayotganida, U osmonda ekanligini aytdi. Bu qanday bo‘lishi mumkin? Xudo sifatida U bir vaqtning o‘zida hamma joyda hozir bo‘lgan, degan fikr bor. Biz Uni hamma joyda hozir-u nozir deyganimizda aynan shuni nazarda tutamiz.

Ba’zi zamonaviy talqinlarda "osmonda bo‘lgan" so‘zlari tushirib qoldirilgan bo‘lsa-da, ular qo‘lyozmalarda ko‘p marta tasdiqlangan va matnning ajralmas qismidir.

3:14 Endi Rabbimiz Iso Nikodimga samoviy haqiqatni ochishga tayyor. Qanday qilib yuqoridan qayta tug‘ilish mumkin? Insonning gunohlari uchun to‘lov to‘lanishi kerak. Insonlar o‘z gunohlari bilan osmonga yeta olmaydilar. Butun Isroil xalqini ilonlar chaqqan paytda Muso sahroda mis ilonni qanday ko‘targan bo‘lsa, Inson O‘g‘li ham shunday ko‘tarilishi kerak. (Sonlar 21:4-9ni o‘qing.) Isroil avlodlari va’da qilingan yurtni izlab sahroda kezib yurishdi va asta-sekin sabrsizlanib, ruhdan tusha boshladilar. Ular Rabbimizdan noliy boshladilar.

Jazo sifatida Rabbimiz ularning orasiga zaharli ilonlarni yubordi, natijada ko‘plab odamlar halok bo‘ldi. Tirik qolganlar tavba qilib, Rabbimizga iltijo qilganlarida, U Musoga misdan ilon yasashni va uni xodaga osib qo‘yishni buyurdi. Ilon chaqqan odam unga qarab, mo‘jizaviy tarzda sog‘ayib ketardi va tirik qolardi.

Iso yuqoridan qayta tug‘ilishni tushuntirish uchun Eski Ahddagi bu voqeani keltirdi. Erkak va ayollarni gunohning zaharli ilonlari chaqqan, ularni abadiy o‘limga mahkum etgan. Mis ilon Rabbimiz Isoning ramzi yoki timsoli edi. Muqaddas Kitobda mis hukm ramzi hisoblanadi. Rabbimiz Iso gunohsiz edi va hech qachon jazoga tortilmasdi, lekin U bizning o‘rnimizni egalladi va biz loyiq bo‘lgan o‘limga mahkum etildi. Xoda Iso Masih mixlangan Golgota xochini ifodalaydi. Unga ishonch bilan qarasak, najot topamiz.

3:15 Mutlaqo begunoh Najotkor, biz U orqali Xudoning adolatiga erishishimiz uchun gunohlarimizni O‘z zimmisiga oldi. Toki Rabbimiz Iso Masihga ishongan har bir kishi halok bo‘lmasin, balki abadiy hayotga ega bo‘lsin.

3:16 Bu, shubhasiz, butun Muqaddas Kitobdagi eng mashhur oyatlardan biridir, chunki unda Xushxabarning butun mohiyati aniq va sodda bayon etilgan. U Iso Masihning Nikodimga yuqoridan qanday qayta tug‘ilishni o‘rgatganini xulosalaydi. Zero, biz o‘qiymizki, Xudo dunyoni shunchalik sevdiki... Bu yerda dunyo butun insoniyatni anglatadi. Xudo odamlarning gunohlarini yoki buzuq dunyoviy tizimni yoqtirmaydi, lekin odamlarni sevadi va hech kimning halok bo‘lishini istamaydi.

Uning cheksiz sevgisi Xudo O‘zining yagona O‘g‘lini bergani bilan isbotlangan. Xudoning Iso Masihga o‘xshagan boshqa O‘g‘li yo‘q. Uning cheksiz sevgisi gunohkorlarni qutqarish uchun yagona O‘g‘lini berganida namoyon bo‘ldi. Bu hamma qutqariladi degani emas. Inson Xudo unga abadiy hayot berishidan oldin Masih qilgan ishlarni qabul qilishi lozim. Shuning uchun ham bu yerda "Unga ishongan har bir kishi halok bo‘lmasligi, balki abadiy hayotga ega bo‘lishi uchun" degan so‘zlar qo‘shilgan. Halok bo‘lishning hech qanday zarurati yo‘q. Najot topishning yo‘li bor, lekin buning uchun inson Rabbimiz Iso Masih uning shaxsiy Najotkori ekanligini tasdiqlashi kerak. U shunday qilgach, abadiy hayotga ega bo‘ladi. Borxam shunday yozadi:

"Cherkov Xudo dunyoni qanday sevganini tushunib yetgach, barcha buyuk imperiyalar zabt etilmaguncha, har bir marjon orolcha fath qilinmaguncha tinch turolmaydi". (F. W. Boreham, bundan batafsil ma’lumotlar yo‘q.)

3:17 Xudo qattiqqo‘l, shafqatsiz hukmdor emas, U insoniyatga g‘azabini sochishga intilmaydi. Uning qalbi insonga mehr bilan to‘la; odamlarni qutqarish uchun U eng so‘nggi choraga bordi. U O‘z O‘g‘lini dunyoni hukm qilish uchun yuborishi mumkin edi, lekin bunday qilmadi. Aksincha, U dunyoni O‘zi orqali qutqarish uchun Uni azob-uqubat, qon va o‘limga yubordi. Iso Masihning xochdagi ishi shunchalik ulug‘ ahamiyatga ega ediki, natijada barcha gunohkorlar, agar Uni qabul qilsalar, najot topishi mumkin bo‘ldi.

3:18 Endi butun insoniyat ikki sinfga bo‘linadi: imonlilar va imonsizlar. Bizning abadiy taqdirimiz Xudoning O‘g‘liga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishimizga bog‘liq.

Xaloskorga ishongan odam hukm qilinmaydi, Unga ishonmagan odam esa allaqachon hukm qilingan. Hazrati Iso najot ishini nihoyasiga yetkazdi va endi har birimiz Uni qabul qilish yoki rad etishni hal qilishimiz kerak.

Bunday muhabbat ne’matini rad etish dahshat. Agar inson Rabbimiz Isoga ishonmasa, Xudo uni hukm qilishdan boshqa iloji qolmaydi.

Uning nomiga imon keltirish Unga imon keltirish bilan barobardir. Muqaddas Kitobda ism insonni ifodalaydi. Agar Uning nomiga imon keltirsangiz, Unga imon keltirgan bo‘lasiz.

3:19 Iso - dunyoga kelgan nur. U gunohsiz, benuqson Allohning Qo‘zichog‘idir. U butun dunyoning gunohlari uchun o‘ldi. Lekin odamlar Uni sevishadimi?

Yo‘q, ular yolg‘onga chiqaradilar. Ular gunoh qilishni afzal ko‘radilar. Ular Isoni o‘z Najotkorlari sifatida qabul qilishni istamaydilar va shu tariqa Uni rad etadilar. Xuddi o‘rmalab yurgan hasharotlar o‘zlariga yo‘naltirilgan yorug‘likdan qochgandek, yovuz odamlar Masihning huzuridan qochadilar.

3:20 Gunohni sevuvchilar yorug‘likni yomon ko‘radilar, chunki yorug‘likda ularning butun gunohlari aniq ko‘rinib turadi. Iso yer yuzida bo‘lganida, gunohkorlar Uning huzurida o‘zlarini noqulay his qilishgan, chunki U O‘zining muqaddasligi bilan ularning dahshatli ahvolini fosh etgan.

Sterjenning egriligini ko‘rsatishning eng yaxshi usuli uning yoniga to‘g‘ri chiziq qo‘yishdir. Dunyoga komil Inson bo‘lib kirgan Hazratimiz Iso, boshqa barcha insonlarning buzuqligini mana shunday taqqoslash orqali ko‘rsatdi.

3:21 Agar inson haqiqatan ham Xudo oldida halol bo‘lsa, u yorug‘likka, ya’ni Rabbimiz Isoga boradi va o‘zining butun pastkashligi va gunohkorligini tushunadi. Keyin u Najotkorga ishonadi va shu tariqa Masihga e’tiqod qilish orqali yuqoridan tug‘iladi.

I. Yahyo payg‘ambarning Yahudodagi xizmati (3:22−36)

3:22 Ushbu bobning birinchi qismida Hazrati Isoning Quddusdagi guvohligi tasvirlangan. Ushbu oyatdan boshlab to bobning oxirigacha Yuhanno Masihning Yahudiyadagi xizmatini tasvirlab, u yerda najot haqidagi xushxabarni va’z qilishda davom etganini yozadi. Odamlar Nurga kelib, cho‘qinishardi. Bu oyatdan ko‘rinib turibdiki, Isoning o‘zi suvga cho‘mdirgan, ammo Yuhanno (4:2) dan uning shogirdlari ham suvga cho‘mdirilganini bilib olamiz.

3:23 Ushbu oyatda tilga olingan Yuhanno - Yahyo payg‘ambar. U Yahudiya yerida tavba qilishga da’vat etishda davom etdi va Masih kelishidan oldin tavba qilishni istagan yahudiylarni cho‘qintirdi. Yuhanno ham Yenonada suv ko‘p bo‘lgani uchun suvga cho‘mdirdi. Bu uning suvga cho‘mish orqali cho‘qintirganining yakuniy isboti emas, lekin shunday xulosa chiqarish imkonini beradi. Agar u suv sepib yoki suv quyib cho‘qintirganida edi, ko‘p miqdorda suvga ehtiyoj tug‘ilmagan bo‘lardi.

3:24 Bu oyat Yuhannoning doimiy xizmatini va imonli yahudiylarning uning da’vatiga munosabati davom etayotganini yana bir bor tasdiqlaydi. Yaqin kelajakda Yuhanno ishonchli shohidlik bergani uchun zindonga tashlanadi va boshi tanasidan judo qilinadi. Ammo o‘sha paytda u hali ham o‘z vazifasini sidqidildan bajarardi.

3:25 Bu oyatdan ma’lum bo‘ladiki, Yuhannoning ba’zi shogirdlari poklanish masalasida yahudiylar bilan bahslashib qolishgan. Bu nimani anglatadi? Bu yerda poklanish deganda cho‘mdirilish nazarda tutilgan bo‘lsa kerak. Bahs Yuhannoning cho‘mdirishi yaxshiroqmi yoki Isoning, degan masala ustida chiqqan. Qaysi cho‘mdirish kuchliroq? Qaysi cho‘mdirish ahamiyatliroq? Ehtimol, Yuhannoning ba’zi shogirdlari ehtiyotsizlik bilan cho‘mdiruvchi qanchalik yaxshi bo‘lsa, cho‘mdirish ham shunchalik yaxshi, deb aytishgandir. Ehtimol, farziylar Yuhannoning shogirdlarini Isoga va Uning mashhurligiga hasad qildirishga uringandir.

3:26 Ular bahsni hal qilish uchun Yuhannoning oldiga kelishdi. Ehtimol, ular unga: "Agar sening cho‘mdirishing yaxshiroq bo‘lsa, nega shuncha odam seni tashlab, Isoning oldiga ketyapti?" deb aytishgandir. ("Iordan daryosi bo‘yida sen bilan birga bo‘lgan" degan so‘zlar Masihga tegishli.) Yahyo Rabbimiz Iso haqida guvohlik berdi va uning guvohligidan so‘ng ko‘p shogirdlar Yahyoni tashlab, Isoga ergashdilar.

3:27 Agar Yuhannoning javobi Rabbimiz Isoni nazarda tutgan bo‘lsa, u Najotkorga hamroh bo‘lgan muvaffaqiyat Uning harakatlari Xudo tomonidan ma’qullanganining dalilidir, degan ma’noni anglatadi. Agar Yuhanno o‘zi haqida gapirgan bo‘lsa, u hech qachon ulug‘vorlikka yoki muhim mavqega intilmaganini nazarda tutgan. U hech qachon o‘zining cho‘mdirishini Isoning cho‘mdirishidan ustun qo‘ymagan. U shunchaki osmondan berilgan narsadan boshqa hech narsasi yo‘qligini aytgan. Bu hammamiz uchun to‘g‘ri va dunyoda biror sabab yo‘qki, u bizga mag‘rurlanishga yoki kimgadir o‘zimizni ustun qo‘yishga asos bo‘lsin.

3:28 Yuhanno shogirdlariga u Masih emasligini, faqat Masihning yo‘lini tayyorlash uchun Uning oldidan yuborilganini yana bir bor eslatdi. Nega uning atrofida bahs-munozaralar bo‘lishi kerak? Nima uchun uning atrofida shov-shuv ko‘tarilishi kerak? U buyuk emas edi - u shunchaki odamlarga Rabbimiz Iso haqida guvohlik berardi.

3:29 Rabbimiz Iso Masih kuyov edi. Yahyo Cho‘mdiruvchi esa shunchaki kuyovning do‘sti, "eng yaxshi odam" edi. Kelin kuyovning do‘stiga emas, balki kuyovning o‘ziga tegishli. Odamlarning Yuhannoga emas, Isoga ergashishlari tabiiy. Bu yerda kelin deganda, Rabbimiz Isoning shogirdi bo‘ladigan barcha insonlar nazarda tutilgan. Eski Ahdda Isroil Yahovaning rafiqasi sifatida tasvirlangan. Keyinchalik, Yangi Ahdda Masih jamoati a’zolari Kelin ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. Lekin bu yerda, Yuhanno Injilida, bu so‘z umumiy ma’noda qo‘llangan va Yahyo Cho‘mdiruvchini tark etib, Masihga ergashganlarni anglatadi. U na Isroilni, na jamoatni bildiradi. Yuhanno izdoshlarini yo‘qotayotganidan xafa bo‘lmagan. Kuyovning ovozini eshitish uning uchun katta quvonch edi. Butun e’tibor Isoga qaratilganidan u xursand edi. Odamlar Masihni ulug‘lab, uni sharaflay boshlaganlarida, uning bu quvonchi to‘lib-toshdi.

3:30 Bu oyatda Yuhanno xizmatining maqsadi umumlashtirilgan. U erkaklarga va ayollarga Rabbimizni ko‘rsatish va Uning haqiqiy ahamiyatini ochib berish uchun astoydil mehnat qildi. Buni bajarar ekan, Yuhanno o‘zi orqa planda qolishi kerakligini tushunardi. Masihning xizmatkoriga e’tiborni o‘ziga jalb qilish haqiqatan ham xoinlik bo‘lardi.

Ushbu bobdagi uchta "kerak" so‘ziga e’tibor bering: ular gunohkorga (3:7), Najotkorga (3:14) va muqaddasga (3:30) tegishli.

3:31 Iso - yuqoridan Keluvchi va hammadan ustundir. Bu bayonot Uning samoviy kelib chiqishi va oliyligidan dalolat beradi. Yahyo Cho‘mdiruvchi o‘zining tobeligini isbotlash uchun o‘zi haqida shunday dedi: "Yerdan bo‘lgan yerga mansubdir va yerga xos so‘zlaydi". Bu uning inson sifatida (yerdagi ota-onadan) tug‘ilganini bildiradi. U samoviy unvonga ega emas edi va Xudoning O‘g‘li kabi oliy hokimiyat bilan muloqot qila olmas edi. U Rabbimiz Isodan past edi, chunki Osmondan kelgan Zot hammadan ulug‘dir. Masih - koinotning Hukmdoridir. Shuning uchun odamlarning Uning xabarchisiga emas, Unga ergashishlari tabiiy.

3:32 Rabbimiz Iso doimo vakolatli shaxs sifatida gapirardi. U o‘zi ko‘rgan va eshitgan narsalarni odamlarga yetkazardi. Xato qilish yoki aldash ehtimoli yo‘q edi. Shunday bo‘lsa-da, g‘alati tomoni shuki, hech kim Uning guvohligini qabul qilmaydi. "Hech kim" so‘zi to‘g‘ridan-to‘g‘ri ma’noda tushunilmasligi kerak. Rabbimiz Isoning so‘zlarini qabul qilganlar ham bor edi. Biroq Yuhanno insoniyatni umuman olganda nazarda tutib, aholining ko‘pchiligi Najotkor ta’limotini rad etganini ta’kidlagan, xolos. Iso Osmondan tushgan Zot edi, ammo Uni tinglashni istovchilar oz edi.

3:33 Bu oyat Rabbimizning so‘zlarini Xudoning So‘zi sifatida qabul qilgan ozchilikni tasvirlaydi. Uning guvohligini qabul qilganlar Xudo haq ekanini tasdiqlagan bo‘lishadi. Bugun ham xuddi shunday.

Xushxabarni qabul qiluvchi kishilar Xudoning tomoniga o‘tib, o‘zlariga va butun insoniyatga qarshi turishadi. Ular Xudo aytgan barcha so‘zlar haqiqat ekanligini anglashadi. E’tibor bering, 33-oyat Masihning ilohiyligini qanchalik aniq o‘rgatadi. Unda aytilishicha, Masihning guvohligiga ishongan kishi Xudoni haqiqiy deb tan oladi. Boshqacha aytganda, Masihning guvohligi Xudoning guvohligi bo‘lib, birinchisini qabul qilish ikkinchisini ham qabul qilish demakdir.

3:34 Iso Xudo yuborgan Zot edi. U Xudoning so‘zlarini so‘zlardi. Bu fikrni tasdiqlash uchun Yuhanno quyidagicha qo‘shib qo‘yadi: "...chunki Xudo Ruhni o‘lchovsiz beradi". Masih boshqalardan farqli o‘laroq, Xudoning Muqaddas Ruhi bilan to‘liq moylangandir. Boshqalar o‘z xizmatlarida Muqaddas Ruhning yordamini his qilganlar, ammo ularning hech biri Xudoning O‘g‘li kabi Muqaddas Ruhning qudrati bilan xizmat qilmagan. Payg‘ambarlar Xudodan qisman vahiy olganlar, biroq "Ruh Masih orqali va Unda insoniyatga Xudoning donoligi va cheksiz muhabbatining o‘zagi bo‘lgan yuragini namoyon qildi".

3:35 Bu oyat Yuhanno Xushxabaridagi yettita oyatdan biri bo‘lib, unda Otaning O‘g‘lini sevishi haqida aytiladi. Uning sevgisi shunda namoyon bo‘ladiki, Ota hamma narsani Uning ixtiyoriga topshirgan. Xaloskor hukmron bo‘lgan bu barcha narsalar orasida inson taqdirlari ham bor, bu haqda 36-oyatda tushuntiriladi.

3:36 Xudo Masihga O‘ziga ishonuvchilarning barchasiga abadiy hayot berish huquqini topshirgan. Bu butun Muqaddas Kitobdagi insonning qanday qilib najot topishi mumkinligi haqidagi eng aniq oyatlardan biridir. Shunchaki O‘g‘ilga ishonish kifoya. Bu oyatni o‘qiganimizda, buni Xudo aytayotganini tushunamiz. U hech qachon buzilmaydigan va’da beradi. U aniq va ravshan qilib aytadiki, O‘g‘liga ishongan har bir kishi abadiy hayotga ega bo‘ladi. Bu va’dani qabul qilish qorong‘ulikka sakrash emas. Bu shunchaki yolg‘on bo‘lishi mumkin bo‘lmagan narsaga ishonishdir. O‘g‘ilga ishonmaydigan kishi hayotni ko‘rmaydi, aksincha Xudoning g‘azabi uning ustida qoladi. Bu oyatdan abadiy taqdirimiz Xudoning O‘g‘liga qanday munosabatda bo‘lishimizga bog‘liqligini bilib olamiz. Agar biz Uni qabul qilsak, Xudo bizga abadiy hayot beradi. Agar biz Uni rad etsak, abadiy hayotdan bahramand bo‘la olmaymiz. Bundan tashqari, Xudoning g‘azabi bizni kutib turibdi; u har qanday vaqtda ustimizga yog‘ilishga tayyor. E’tibor bering: bu oyatda qonunga bo‘ysunish, "oltin qoida"ga rioya qilish, ibodatxonaga borish, ezgu ishlar qilish yoki jannatga yo‘l izlash haqida hech narsa aytilmagan.

Bu oyatdan abadiy taqdirimiz Xudoning O‘g‘liga qanday munosabatda bo‘lishimizga bog‘liqligini bilib olamiz. Agar biz Uni qabul qilsak, Xudo bizga abadiy hayot beradi. Agar biz Uni rad etsak, abadiy hayotdan zavqlana olmaymiz.

Boz ustiga, Xudoning g‘azabi bizni kutib turibdi, U har lahzada ustimizga yog‘ilishga tayyor. E’tibor bering: bu oyatda qonunga bo‘ysunish, " oltin qoidaga " rioya qilish, cherkovga borish, yaxshilik qilish yoki osmonga yo‘l izlash haqida hech narsa aytilmagan.

Muqaddas Kitob ONLINE

1 Yahudiy boshliqlaridan Nikodim ismli bir odam bor edi, u farziylar mazhabida edi.
2 Bu odam bir kuni kechasi Isoning oldiga kelib, Unga dedi: — Ustoz! Siz Xudodan kelgan bir muallim ekanligingizni biz bilamiz. Agar Xudo siz bilan bo‘lmaganda edi, Siz bunday mo‘jizali alomatlarni qila olmas edingiz.
3 Iso unga shunday javob berdi: — Sizga chinini aytay: qaytadan tug‘ilmagan bironta odam Xudoning Shohligini ko‘rolmaydi.
4 — Keksa odam tug‘ila olarmidi?! U onasining qorniga qayta kirib, yana tug‘ila olmaydi–ku! — dedi Nikodim.
5 Iso shunday javob berdi: — Sizga chinini aytay: suvdan va Ruhdan tug‘ilmagan bironta odam Xudoning Shohligiga kirolmaydi.
6 Odam jismonan ota–onadan tug‘iladi, ruhan esa Muqaddas Ruhdan tug‘iladi.
7 “Sizlar qaytadan tug‘ilishingiz kerak”, deganimga taajjublanmang.
8 Ruh xuddi shamolga o‘xshaydi. Shamol istagan joyda esaveradi. Uning tovushini eshitasiz–u, lekin qaysi tomondan kelib, qaysi tomonga ketishini bilmaysiz. Ruhdan tug‘ilgan har bir kishida ham shunday bo‘ladi.
9 — Bu qanday bo‘lishi mumkin? — deb so‘radi Nikodim.
10 Iso unga shunday javob berdi: — Siz Isroilning ustozisiz–ku! Nahotki shuni bilmasangiz?!
11 Sizga chinini aytay: biz bilganimizni so‘zlaymiz, ko‘rganimiz haqida shahodat beramiz. Lekin sizlar bizning shahodatimizni qabul qilmayapsizlar.
12 Agar sizlar yerdagi narsalar haqida aytganlarimga ishonmasangizlar, samoviy narsalar to‘g‘risida gapirganlarimga qanday ishonasizlar?
13 Osmondan tushgan Inson O‘g‘lidan boshqa hech kim osmonga chiqqan emas.
14 Muso sahroda bronza ilonni xodaga mahkamlab, qanday yuqoriga ko‘targan bo‘lsa, Inson O‘g‘li ham xuddi shunday yuqoriga ko‘tarilishi kerak.
15 Shu tariqa imonga kelgan har bir kishi U orqali abadiy hayotga ega bo‘ladi.
16 Zero, Xudo olamni shunchalik sevdiki, O‘zining yagona O‘g‘lini berdi. Toki Unga ishonganlardan birontasi halok bo‘lmasin, balki abadiy hayotga ega bo‘lsin.
17 Xudo dunyoni hukm qilish uchun emas, balki O‘g‘li orqali qutqarish uchun Uni dunyoga yubordi.
18 Unga ishongan odam hukm qilinmaydi. Unga ishonmagan odam esa allaqachon mahkum bo‘lgan, chunki u Xudoning yagona O‘g‘liga ishonmadi.
19 Hukm shunday dalilga asoslangan: dunyoga nur keldi, ammo odamlar nurdan ko‘ra zulmatni yaxshi ko‘rdilar, chunki ularning qilmishlari yovuz edi.
20 Qabihlik qilgan odam nurdan nafratlanadi. Qilmishlari fosh bo‘lmasligi uchun u nurdan qochadi.
21 Haqiqat yo‘lini tutgan odam esa nurga keladi. Bunday odamning ishlari Xudo orqali qilinganligini nur hammaga ayon qiladi.
22 Shundan keyin Iso shogirdlari bilan Yahudiya hududiga bordi. Iso ular bilan bir qancha vaqt u yerda qolib, odamlarni suvga cho‘mdirdi.
23 Yahyo ham Salim yaqinidagi Eynon yerida xalqni suvga cho‘mdirardi. U yer nihoyatda sersuv edi. Odamlar doim Yahyoning oldiga kelib, suvga cho‘mdirilardi.
24 Bu hodisalar Yahyo zindonga tashlanishdan oldin yuz bergan edi.
25 Shu mahal Yahyoning shogirdlari bilan bir yahudiy kishi orasida tahorat haqida bahs bo‘ldi.
26 Ular Yahyoning oldiga borib dedilar: — Ustoz! Iordan daryosining sharqiy qirg‘og‘ida yoningizdagi bir Odam haqida guvohlik bergan edingiz–ku, o‘sha Odam xalqni suvga cho‘mdirib yuribdi, hamma Uning oldiga boryapti.
27 Bunga javoban Yahyo dedi: — Agar osmondan berilmasa, inson hech narsa qila olmaydi.
28 “Men Masih emasman, faqat Uning oldidan yuborilganman”, deb aytgan so‘zlarimga o‘zlaringiz guvohsizlar.
29 Kelin kuyovga tegishlidir. Kuyov jo‘ra esa kuyov yonida turib, uning ovozini eshitganidan sevinib xursand bo‘ladi. Xuddi shunday men ham bugun benihoyat shodman.
30 Masih yuksalishi, men esa pasayishim kerak.
31 Yuqoridan kelgan Zot hammadan ustundir. Yerdan bo‘lgan odam yerga mansubdir va yerga xos masalalar to‘g‘risida gapiradi. Osmondan Kelgan esa hammadan ustundir.
32 U ko‘rgani va eshitgani haqida guvohlik beradi, ammo hech kim Uning guvohligini qabul qilmaydi.
33 Uning guvohligini qabul qilgan kishi esa Xudoning haqligini tasdiqlaydi.
34 Xudo yuborgan Zot Xudoning so‘zlarini gapiradi. Zero, Xudo O‘z Ruhini Unga cheksiz–o‘lchovsiz beradi.
35 Ota O‘g‘lini yaxshi ko‘radi, U hamma narsani O‘g‘lining qo‘liga topshirgan.
36 Xudoning O‘g‘liga ishongan har bir odam abadiy hayotga ega bo‘ladi. O‘g‘ilni rad etgan odam esa hayot ko‘rmay, Xudoning g‘azabi ostida qoladi.