Kitobook.com
AudiokitoblarSimfoniyaGuvohliklarVIDEOUzMusic
KITOBLARAudiokitoblarҲикоялар китобиUZMUSICKINOLAR & MultfimlarNAJOT XABARIXushxabar hikoyalariQaraqalpaqsha KitapUzLatin
MakDonaldning Injil kitobiga o'zbek tilidagi sharhlari

Yuhanno Muqaddas xushxabar: 4Bob

Azərbaycan dilində Müqəddəs Kitab

K. Samariyalik ayolning o‘zgarishi (4:1−30)

4:1−2 Iso Yahyodan ko‘proq shogird orttirayotgani va Yahyoning obro‘si pasayib borayotgani haqidagi ovozalar farziylarning qulog‘iga yetib borgan. Ehtimol, ular bu ma’lumotdan foydalanib, Yahyo shogirdlari bilan Isoning shogirdlari o‘rtasida hasad va raqobat uyg‘otmoqchi bo‘lgandir. Garchi Isoning o‘zi suvga cho‘mdirmagan bo‘lsa-da, uning shogirdlari odamlarni suvga cho‘mdirar edilar. Odamlar esa Rabbimizning izdoshlari yoki shogirdlari sifatida suvga cho‘mdirilardi.

4:3 Iso Yahudiyani tark etib, Jalilaga yo‘l oldi, shu bilan farziylarning niyatini buzdi va ular orasida nizo chiqarish imkoniyatidan mahrum qildi. Ammo bu oyatda yana bir muhim ma’no bor. Yahudiya o‘sha yerdagi hukmron yahudiylikning asosiy markazi bo‘lsa, Jalila qadimdan butparastlar yurti sifatida tanilgan edi. Rabbimiz Iso yahudiy rahbarlar Uni va Uning sha’hodat berishini rad etayotganini angladi va shu bois najot xabarini majusiylarga yetkazishga qaror qildi.

4:4 Samariya Yahudiyadan Jalilaga boradigan to‘g‘ri yo‘l ustida joylashgan edi. Biroq kamdan-kam yahudiylar bu to‘g‘ri yo‘ldan foydalanardi. Ular Samariya viloyatini shunchalik yomon ko‘rishardiki, shimoldan Jalilaga yetib borish uchun Pereya orqali aylanib o‘tishni ma’qul ko‘rishardi. Shunday qilib, bu yerda Isoning Samariya orqali o‘tishi kerakligi aytilmoqda. U bu yo‘lni geografik sabablarga ko‘ra emas, balki U yordam bera oladigan muhtoj qalb shu yerda yashaganini bilgani uchun tanladi.

4:5 Iso Samariya orqali o‘tib borar ekan, Sihar deb atalgan kichik bir shaharchaga yetib keldi. Bu shaharcha yaqinida Yoqub o‘z o‘g‘li Yusufga bergan yer uchastkasi bor edi (Ibtido 48:22). Iso bu hududda sayohat qilar ekan, uning uzoq o‘tmishidagi barcha voqealar vaqti-vaqti bilan Uning ko‘z oldida gavdalanardi.

4:6 U yerda Yoqub qudug‘i deb atalgan buloq bor edi. Ziyoratchilar bu qadimiy quduqni hali ham ko‘rishlari mumkin. U bugungi kunda osonlikcha aniqlanishi mumkin bo‘lgan Muqaddas Kitobdagi kam sonli joylardan biridir.

Iso quduq oldiga yetib kelganida, yahudiylar vaqti bo‘yicha tushga yaqin yoki Rim vaqti bilan kunning oltinchi soati edi. Uzoq yo‘l bosib charchagan Iso quduq yoniga o‘tirdi. Iso Xudoning O‘g‘li, lekin U ham Inson. Xudo sifatida U hech qachon charchamasligi kerak edi, ammo Inson sifatida U charchardi. Buni tushunish bizga qiyin. Biroq Rabbimiz Iso Masihning Shaxsiyatini bizning foniy aqlimiz bilan to‘liq anglash mumkin emas.

Xudo yer yuziga tushib, odamlar orasida Inson bo‘lib yashashi mumkinligi haqidagi haqiqat aqlimiz yetmaydigan sirdir.

4:7 Rabbimiz Iso quduq yonida o‘tirganida, shahardan bir ayol suv olish uchun keldi. Agar ba’zi olimlar ta’kidlaganidek, bu tush payti bo‘lsa, ayollarning quduqqa suv olishga borishi uchun juda noqulay vaqt - kunning eng issiq payti edi. Ammo bu ayol axloqsiz gunohkor bo‘lib, ehtimol, uyat tufayli aynan shu vaqtni tanlagan, chunki bu paytda boshqa hech qanday ayol uni ko‘rmasligini bilardi.

Albatta, Rabbimiz Iso uning quduqqa kelish vaqtini bilardi. U ayolning qalbi chanqoqligini bilardi va u bilan uchrashib, uni gunohkor hayotdan ozod qilishga qaror qildi.

Bu parchada biz mohir qalb ovchisini ish ustida ko‘ramiz. Uning ayol ehtiyojini aniqlash va muammosiga yechim taklif qilish uchun qo‘llagan usullarini o‘rganish foydali bo‘ladi. Rabbimiz ayol bilan yetti marta so‘zlashdi, xolos. Ayol ham yetti marta - oltitasi Rabbimizga va bittasi shahar aholisiga javob qaytardi.

Agar biz Rabbimiz bilan u kabi ko‘p suhbatlashganimizda, "shahar aholisi"ga guvohlik berishda xuddi shunday muvaffaqiyatga erishgan bo‘lardik. Iso suhbatni iltimos bilan boshladi. Safar charchoq solgan Iso ayolga: "Menga ichgani suv ber", dedi.

4:8 Bu oyat inson nuqtai nazaridan Rabbimizning nima uchun ayoldan suv so‘rashga majbur bo‘lganini tushuntiradi. Chunki Uning shogirdlari oziq-ovqat xarid qilish uchun Siharga ketishgan edi. Ular suv uchun chelakni o‘zlari bilan olib ketishgan. Shuning uchun Rabbimizning quduqdan suv oladigan hech narsasi yo‘q edi.

4:9 Ayol Isoni yahudiy deb tanidi va Uning samariyalik ayol bilan gaplashganidan hayratga tushdi. Samariyaliklar o‘zlarini Yoqub avlodidan kelib chiqqan deb hisoblashar va o‘zlarini haqiqiy isroilliklar deb bilishardi. Aslida esa, ular yahudiylar bilan majusiylarning aralashmasi edi. Garizim tog‘i ular uchun rasmiy sajdagoh hisoblangan. Bu tog‘ Samariyada joylashgan bo‘lib, Rabbimiz va U bilan gaplashayotgan ayolga aniq ko‘rinib turardi. Yahudiylar samariyaliklarga nihoyatda nafrat bilan qarashardi. Ularni yarim qonli deb hisoblashardi. Shuning uchun ham ayol Isoga: "Sen yahudiy bo‘la turib, qanday qilib mendan, samariyalik ayoldan, suv so‘rayapsan?" dedi. U hali o‘zining Yaratuvchisi bilan gaplashayotganini va Uning muhabbati har qanday ahamiyatsiz insoniy farqlardan ustun ekanligini tushunmas edi.

4:10−11 Iltimos so‘rab, Rabbimiz ayolning qiziqishini uyg‘otdi. Endi U O‘zi haqida Xudo va Inson sifatida gapirib, uni yanada ko‘proq qiziqtirmoqda. U avvalo Xudoning in’omi edi. Faqat Xudo O‘zining yagona O‘g‘lini dunyoning Najotkoriga aylanishi uchun bera olardi. Ammo U yo‘lda charchagan va suv so‘ragan Inson ham edi. Boshqacha aytganda, agar ayol suhbatdoshi tanada zohir bo‘lgan Xudo ekanini tushunganida, Undan o‘zi baraka so‘ragan va U unga hayot suvini bergan bo‘lardi. Ayol "suv" so‘zini to‘g‘ridan-to‘g‘ri tushundi va Uning suv olishga hech narsasi yo‘q deb o‘yladi. U Rabbimizni mutlaqo tanimadi va Uning so‘zlarini anglamadi.

4:12 Quduqni ularga bergan otasi Yoqub haqida o‘ylaganida, uning hayrati yanada kuchaydi. Yoqubning o‘zi ham, farzandlari ham, chorvasi ham undan ichardi. Endi, asrlar o‘tib, charchagan bir musofir paydo bo‘lib, Yoqubning qudug‘idan suv so‘rayapti va shu bilan birga Yoqub bergan suvdan yaxshiroq narsa bera olishini aytmoqda.

Agar Uning yaxshiroq narsasi bo‘lsa, nega Yoqubning qudug‘idan suv so‘ramoqda?

4:13 Shunday qilib, Rabbimiz Yoqub qudug‘idagi oddiy suv bilan U beradigan suv o‘rtasidagi farqni tushuntira boshladi. Bu suvni ichgan kishi yana chanqaydi. Samariyalik ayol buni juda yaxshi tushunardi. Har kuni u shu yerga suv olgani kelardi, lekin baribir suv yetishmasdi. Dunyodagi barcha quduqlar ham shunday. Odamlar bu dunyodan rohat va qoniqish izlaydilar, ammo u insonning qalb tashnaligini qondira olmaydi. Avgustin o‘zining "E’tiroflar"ida aytganidek: "Ey Rabbim, Sen bizni O‘zing uchun yaratgansan, va qalbimiz Sen bilan tinchlik topmaguncha bezovta bo‘ladi."

4:14 Iso beradigan suv haqiqatan ham chanqoqni qondiradi. Kimki Masihning marhamati va inoyatini ichsa, u boshqa chanqamaydi. Uning in’omlari nafaqat qalbni to‘ldiradi, balki undan toshib chiqadi. Ular nafaqat bu hayotda, balki abadiyatda ham doimo to‘lib-toshib turadigan buloqqa o‘xshaydi. "Abadiy hayotga oqib boradigan" iborasi Masih beradigan suv yer yuzidagi imkoniyatlar bilan cheklanmaganini, balki to abad oqib turishini anglatadi. Farq yaqqol ko‘rinib turibdi. Inson qalbini to‘ldirish uchun yer nima bilan ta’minlay olishi yetarli emas. Ammo Masih bergan ne’matlar nafaqat qalbni to‘ldiradi, balki ular shunchalik ulkanki, bitta qalb ularni sig‘dira olmaydi.

Butun olamning o‘zi yetarli emas,

Yurak kichik uchburchagini to‘ldirish uchun -

U chanqoqlik va iltijoda davom etadi;

Faqat uni yaratgan Uchlik qila oladi

Insonning ulkan, uchburchak yuragini qondirish.

(Jorj Gerbert)

Bu dunyoning lazzatlari bir necha yilga cho‘zilsa, Masih bergan quvonchlar abadiy hayotda ham davom etadi.

4:15 Ayol bu mo‘jizaviy suv haqida eshitgach, darhol uni tatib ko‘rishni istadi. Lekin u hamon oddiy suv haqida o‘ylayotgan edi. U har kuni quduq boshiga kelib, og‘ir ko‘zada suv olib, boshida ko‘tarib yurishni istamasdi. U Iso ruhiy suv haqida gapirayotganini, U O‘ziga bo‘lgan ishonch orqali inson qalbiga keladigan barakalarni nazarda tutayotganini tushunmasdi.

4:16 Bu yerda suhbat mavzusi keskin o‘zgaradi. Ayol hozirgina suv so‘ragan edi, Iso unga erini chaqirishni taklif qildi. Nima uchun?

Najot topishdan oldin, ayol o‘z gunohini tan olishi kerak edi. U Masih huzuriga chin qalbdan tavba qilib, o‘z aybi va sharmandaligini tan olib kelishi lozim edi. Hazrati Iso uning gunohkor hayoti haqida hamma narsani bilardi va U asta-sekin, bosqichma-bosqich uni gunohni anglashga yetaklashga qaror qildi.

Faqat halok bo‘layotganini bilganlar qutqarilishi mumkin. Hamma odamlar halok bo‘lgan, lekin hammasi ham buni tan olishni xohlamaydi. Odamlarni Masihga ergashtirish niyatida, gunoh masalasidan aslo qochmasligimiz kerak.

Odamlar buzuqlik va gunohlarda halok bo‘layotganliklarini, ularga Xaloskor kerakligini, o‘zlarini qutqara olmasliklarini, Iso ularga kerak bo‘lgan Xaloskor ekanligini, agar ular gunohlariga tavba qilib, Unga imon keltirsalar, faqat Ugina ularni qutqarishini tan olishlari kerak.

4:17 Dastlab ayol vaziyatning asl holatini yashirishga va bunda yolg‘on gapirmaslikka harakat qildi. U: "Erim yo‘q," deb javob berdi. Ehtimol, huquqiy jihatdan uning gapi to‘g‘ri edi. Biroq bu gap uning eri bo‘lmagan erkak bilan gunohkorona birga yashayotganini yashirish uchun aytilgandi.

"U din haqida gaplashadi, ilohiyotni muhokama qiladi, ozgina kinoya qiladi, o‘zini hayratlanganday ko‘rsatadi - faqat Masihning uning o‘zidan yashirinishga urinayotgan bezovta qalbiga nazar solishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun hamma narsani qiladi." (Injil Jamiyatining kundalik izohlari)

Xudo sifatida, Rabbimiz Iso u haqda hamma narsani bilardi. U ayolga: "Erim yo‘q, deb to‘g‘ri aytding," dedi. Ayol o‘zining har qanday do‘stini chalg‘itishi mumkin edi, lekin bu Odamni emas. U ayol haqida hamma narsani bilardi.

4:18 Rabbimiz hech qachon hamma narsa va hamma to‘g‘risidagi to‘liq bilimini insonni maqsadsiz fosh qilish yoki sharmanda qilish uchun ishlatmagan. Bu yerda U insonni gunoh yukidan xalos qilish uchun fosh etishga murojaat qildi. U ayolga o‘zining o‘tmishini aytib berganida, ayol qanchalar hayratga tushgan bo‘lsa kerak! Uning beshta eri bo‘lgan, va hozir birga yashayotgani unga er emas edi.

Bu oyat haqida turli fikrlar bildirilgan. Ba’zilar avvalgi beshta eri yo o‘lgan, yo uni tashlab ketgan va ularga aloqadorlikda hech qanday gunoh yo‘q, deb hisoblaydilar. Shunday yoki yo‘qmi, bir narsa aniq: bu ayol fohisha edi. "Hozirgi birga yashayotganing senga er emas". Bu muhim eslatma. Ayol gunohkor edi va shu holatda qolganida, Rabbimiz uni "tiriklik suvi" bilan siylay olmasdi.

4:19 Hayotining butun manzarasi ko‘z o‘ngida namoyon bo‘lgach, ayol u bilan gaplashayotgan Odam oddiy inson emasligini tushundi. Biroq u hali Uning Xudo ekanligini anglamagan edi. Unga berishi mumkin bo‘lgan eng yuksak baho - U payg‘ambar, ya’ni Xudoning jarchisi ekanligi edi.

4:20 Ayol, chamasi, o‘z gunohini anglab yetgan va suhbat mavzusini o‘zgartirib, haqiqiy sajda joyi haqida so‘ramoqchi bo‘lgan. "Ota-bobolarimiz shu tog‘da sajda qilganlar," degan so‘zlarni aytarkan, ehtimol yaqin atrofda qad ko‘tarib turgan Garizim tog‘ini ko‘rsatgan. Keyin u yahudiylar Quddusni to‘g‘ri sajdagoh deb hisoblashlarini Rabbimizga eslatdi (bu ortiqcha edi).

4:21 Iso uning gapini e’tiborsiz qoldirmadi, aksincha undan keyingi ruhiy haqiqatni yetkazish uchun foydalandi.

U ayolga na Garizim tog‘ida, na Quddusda sajda qilinadigan vaqt kelayotganini aytdi. Eski Ahdda Quddus Xudo tomonidan Unga sajda qilinishi kerak bo‘lgan shahar sifatida ko‘rsatilgan edi. Quddus ibodatxonasi Xudoning maskani bo‘lib, taqvodor yahudiylar o‘z qurbonliklari va o‘ndan bir ulushlarini olib Quddusga kelishardi. Tabiiyki, Yangi Ahd davrida hammasi boshqacha. Xudo yer yuzida odamlar sajda qilish uchun keladigan joyni belgilab qo‘ymagan. Rabbimiz buni keyingi oyatlarda batafsil tushuntirgan.

4:22 "Nimaga sajda qilayotganingizni bilmaysizlar" degan so‘zlari bilan Rabbimiz samariyaliklarning sajda qilish shaklini qoraladi. Bu barcha dinlar yaxshi va oxir-oqibat hammani jannatga olib boradi, deydigan zamonaviy diniy arboblarning ta’limotlariga yaqqol ziddir. Rabbimiz Iso o‘sha ayolga samariyaliklarning sajdasi nafaqat Xudoga ma’qul emasligini, balki U qabul qilmasligini aytdi. Bu sajda inson tomonidan o‘ylab topilgan va Xudoning Kalomida ma’qullanmagan. Yahudiylar butunlay boshqacha sajda qilishardi. Xudo yahudiylarni O‘zining yer yuzidagi tanlangan xalqi sifatida ajratgan edi. Ularga O‘ziga sajda qilishning shakllariga oid barcha ko‘rsatmalarni bergan.

"Najot yahudiylardan" deyish bilan Rabbimiz, Xudo yahudiylarni O‘zining elchilari deb belgilaganini va faqat ularga Muqaddas Kitobni berganini o‘rgatdi. Masih aynan yahudiylar orqali yuborilgan. U yahudiy onadan tug‘ilgan.

4:23 So‘ngra Iso ayolga Uning kelishi bilan Xudoga sajda qilish uchun aniq joy qolmasligini aytdi. Bundan buyon Rabbimiz Isoga ishonuvchilar xohlagan vaqtda va xohlagan joyda Xudoga sajda qilishlari mumkin. Haqiqiy sajda - imonlining imon bilan Xudoning huzuriga kirishi va u yerda Unga hamdu sano aytib, sajda qilishidir.

Inson ish xonasida, qamoqxonada yoki dalada bo‘lishi mumkin, ammo uning ruhi imon orqali Xudo bilan samoviy maskanda bo‘ladi. Iso ayolga bundan buyon Otaga ruhda va haqiqatda sajda qilishlarini aytdi. Yahudiylar sajdani tashqi shakllar va marosimlarga aylantirib qo‘yishgan. Ular qonun harflariga qat’iy va rasmiy ravishda amal qilib, muayyan marosimlarni bajarish orqali Otaga sajda qilayotganlarini o‘ylashgan. Ammo bu ruhiy sajda emas edi. U ichki emas, tashqi edi. Ularning tanasi yerga egilgan bo‘lsa-da, qalblari Xudo oldida to‘g‘ri holatda emasdi. Ayni paytda, ular kambag‘allarga zulm qilishlari yoki aldov bilan savdo-sotiq qilishlari mumkin edi.

Samariyaliklar ham o‘z navbatida sajda shaklini ishlab chiqishgan, ammo u soxta edi. Uning hech qanday ruhiy asosi yo‘q edi. Ular o‘z dinlarini yaratib, o‘zlari o‘ylab topgan qoidalarni bajarishardi. Shunday qilib, Rabbimiz ruhda va haqiqatda sajda qilish kerakligini aytganda, ham yahudiylarga, ham samariyaliklarga tanbeh berdi. Bundan tashqari, U kelishi bilan odamlar U orqali Xudoga haqiqat va samimiyat bilan yaqinlasha olishlarini ularga ma’lum qildi. Bu haqda o‘ylab ko‘ring! Chunki Ota O‘zi shunday sajda qiluvchilarni izlaydi. Xudo odamlarning sajdasini xohlaydi. U buni mendan oladimi?

4:24 Xudo Ruhdir - Xudoning ta’rifi shunday. U barcha insoniy xatolar va cheklovlarga duchor bo‘lgan odam emas. U zamon va makon bilan chegaralanmagan. U ko‘rinmas Shaxs bo‘lib, hamma joyda bir vaqtning o‘zida hozir, hamma narsani biluvchi va hamma narsaga qodirdir. U har jihatdan mukammal. Demak, Unga sajda qiluvchilar ruhda va haqiqatda sajda qilishlari lozim. Ularda hech qanday riyo va munofiqlikka o‘rin bo‘lmasligi kerak.

Agar ichki hayot buzuq va axloqsiz bo‘lsa, dindorlikka da’vo qilinmasligi kerak. Turli marosimlar Xudoga ma’qul kelmasa kerak. Garchi bu marosimlarni Xudoning O‘zi o‘rnatgan bo‘lsa-da, U insonning O‘ziga ezilgan va tavba qilgan qalb bilan yaqinlashishini talab qiladi.

Ushbu bobda yana ikkita "kerak" so‘zi mavjud bo‘lib, ular Ruhlar G‘olibiga ("kerak edi" - 4:4) va sajda qiluvchiga (4:24) qaratilgan.

4:25 Samariyalik ayol Rabbni tinglab, asta-sekin Masihning kelishi haqidagi fikrga keldi. Xudoning Muqaddas Ruhi unda Masihning kelishini ko‘rish istagini uyg‘otdi. U kelganda odamlarga hamma narsani aytib berishiga ishonch bildirdi. Bu bilan u Masihning kelishidan ko‘zlangan buyuk maqsadlardan birini tushunishini aniq ifodaladi.

"Masih, ya’ni Xristos" iborasi bu ikki so‘zning bir xil ma’noni anglatishini tushuntiradi. Masih - ibroniycha Xudoning Moy surtilgani; Xristos - yunoncha muqobili.

4:26 Iso unga: "Sen bilan gaplashayotgan Men O‘shaman", dedi. Rabbimiz Isoning so‘zlari chuqur ma’noga ega. "Men" so‘zini ishlatib, U O‘ziga nisbatan Xudo Eski Ahdda O‘zini atagan ismlardan birini qo‘lladi. U: "Men sen bilan gaplashayotgan MENMAN", ya’ni "Sen bilan gaplashayotgan Yahveman", dedi. Iso unga hayratlanarli haqiqatni, ya’ni u bilan gaplashayotgan kishi uning ko‘rishni istagan Masih ekanini va U Xudoning O‘zi ekanini e’lon qildi. Eski Ahddagi Yahova - Yangi Ahddagi Isodir.

4:27 Shogirdlar Sixardan qaytib kelgach, Isoni bir ayol bilan gaplashib turganini ko‘rishdi. Ular Isoning samariyalik ayol bilan suhbatlashayotganiga hayron qolishdi. Ular bu ayolning fohisha ekanligini ham tushunishgan bo‘lsa kerak. Lekin hech kim Rabbidan ayoldan nima istayotganini yoki undan nima talab qilayotganini so‘ramadi.

Kimdir yaxshi aytgan: "Shogirdlar Uning ayol bilan gaplashayotganiga hayron qolishdi; ammo agar U ular bilan gaplashganda, ular bundan ham ko‘proq hayratga tushgan bo‘lishardi!"

4:28 Shunda ayol suv idishini qoldirib ketdi! Bu idish uning eng yashirin istaklarini qondirish uchun foydalangan turli narsalarning ramzi edi. Ularning barchasi muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Endi u Rabbimiz Isoni topganidan so‘ng, hayotida ilgari muhim bo‘lgan narsalar uning uchun ahamiyatini yo‘qotdi.

Ey Rabbim, men darz ketgan idishlarga suv quymoqchi edim,

Lekin, afsus! Barcha suv oqib ketdi!

Ichmoqchi bo‘lib engashganimda, suv oqib tushardi.

Men afsuslanardim, u esa meni masxara qilardi.

Mening tashnaligimni Masihdan boshqa hech kim qondira olmaydi,

Men uchun boshqa ism yo‘q.

Sevgi, hayot va doimiy quvonchni,

Rabbim Iso, men Sendan topdim.

(B. E.)

U nafaqat suv idishini qoldirdi, balki shaharga ham bordi. Najot topgan odam darhol hayot suviga muhtoj bo‘lgan boshqalar haqida o‘ylay boshlaydi. D. Xadson Teylor shunday degan edi: "Ba’zilar havoriylarning vorisi bo‘lishni juda xohlashadi; men esa samariyalik ayolning vorisi bo‘lishni afzal ko‘raman. U shogirdlar oziq-ovqat izlab yurganlarida, o‘zining suv idishini unutib, jonlarni izlagan edi."

4:29−30 Uning guvohligi oddiy, ammo ta’sirli edi. U barcha shaharliklarga kelib, uning hamma qilmishlarini aytib bergan Odamni ko‘rishni taklif qildi. Shuningdek, bu Odam haqiqatan ham Masih bo‘lishi mumkinligi haqidagi fikrni ularning qalbiga soldi. U o‘zi bunga deyarli shubha qilmas edi, chunki U allaqachon o‘zining Masih ekanligini unga aytgan edi. Ammo u ularning qiziqishini uyg‘otdi, toki ular Isoning oldiga borib, buni o‘zlari uchun aniqlab olsinlar. Bu ayol qishloqda gunohi va sharmandaligi bilan tanilgani aniq edi. Odamlar uni hammaning o‘rtasida turib, Rabbimiz Iso Masih haqida guvohlik berayotganini ko‘rib, qanchalik hayratga tushgandir! Ayolning guvohligi samarali bo‘ldi. Shaharliklar uylarini, ishlarini tashlab, Isoni izlab ketdilar.

L. Otasining irodasini bajarayotgan O‘g‘ilning quvonchi (4:31−38)

4:31 Endi shogirdlar ovqat olib kelgach, Rabbimizdan yeyishni so‘rashdi. Ko‘rinib turibdiki, ular sodir bo‘layotgan voqealarning ahamiyatini tushunmagandilar. Ushbu tarixiy lahzada, Samariya shahri ulug‘vor Rabbimiz huzuriga kelganida, ularning fikrlari yuksakroq narsalar emas, balki qorinlarini to‘ydirishga qaratilgandi.

4:32 Hazrati Iso Otasiga izdoshlar orttirishda ozuqa va madad topdi. Bu quvonch oldida jismoniy to‘yinish Uning uchun katta ahamiyatga ega emasdi. Biz hayotda nimaga intilsak, o‘shani qo‘lga kiritamiz.

Shogirdlarni ovqat qiziqtirardi. Ular ovqat uchun shaharga borishdi. Ular u bilan qaytib kelishdi. Rabbimizni esa ruhlar qiziqtirardi. U erkaklar va ayollarni gunohdan qutqarib, ularga abadiy hayot suvini bermoqchi edi. U ham izlagan narsasini topdi. Bizni-chi, nima qiziqtiradi?

4:33 Dunyoviy qarash shogirdlarga Rabbimizning so‘zlari ma’nosini tushunishga to‘sqinlik qildi. Ular "ruhiy muvaffaqiyatning quvonchi va omadi ma’lum vaqt barcha moddiy ehtiyojlardan ustun bo‘lishi va go‘sht hamda ichimlik kabi to‘ydirishi mumkinligi"ni anglab yetmadilar.

Shunday qilib, ular kimdir kelib, Rabbimiz Isoga ovqat keltirgan bo‘lsa kerak, degan xulosaga kelishdi.

4:34 Iso yana ularning e’tiborini moddiy narsalardan ruhiy narsalarga qaratishga urindi. Uning taomi O‘zini yuborgan Zotning irodasini bajarish va Xudo Unga topshirgan ishni amalga oshirish edi. Bu Hazrati Iso oddiy ovqat yeyishdan voz kechganini anglatmaydi, aksincha, Uning hayotdagi eng oliy maqsadi tanaga yoqish emas, balki Xudoning irodasini bajarish ekanligini bildiradi.

4:35 Ehtimol, shogirdlar kelajakdagi hosil haqida gaplashayotgandir. Balki, yahudiylarning "Ekish bilan o‘rim-yig‘im orasida to‘rt oy bor" degan maqoli bordir. Nima bo‘lmasin, Iso ruhiy saboq berish uchun yana jismoniy hodisa - hosilni yig‘ib-terib olishni misol qilib keltirdi. Shogirdlar hosil faqat ma’lum bir vaqtda yig‘ib-terib olinadi, deb o‘ylamasliklari kerak edi. Ular hayotlarini oziq-ovqat va kiyim-kechak izlashga sarflab, Xudoning ishini keyinroq bajarish mumkin deb o‘ylashga haqli emasdilar.

Ular dalalar allaqachon oqarib, hosilga yetilganini tushunishlari kerak edi. Bu yerda dalalar deganda, albatta, odamlar nazarda tutiladi. Rabbimiz bu so‘zlarni aytayotganida, samariyalik erkaklar va ayollar to‘ldirib turgan serhosil dalada turardi. U shogirdlariga hosilni yig‘ib-terib olishda ulkan ish qilishlari, uni zudlik bilan va tirishqoqlik bilan yig‘ib-terib olishlari zarurligini uqtirdi.

Bugun Rabbimiz barchamizga, ya’ni imonlilarga: "Ko‘zlaringizni ochib, dalalarga boqing," demoqda. Dunyodagi ko‘plab ehtiyojlar haqida o‘ylab, vaqtimizni behuda sarflayotganimizda, Rabbimiz qalbimizga yonimizda bo‘lgan halok bo‘layotgan jonlarni izlash yukini yuklaydi. Yig‘ilgan boshoqlarni topish va bog‘lash uchun Uning nomidan borishimiz yoki bormasligimizni o‘zimiz hal qilamiz.

4:36 Bu yerda Iso Masih shogirdlariga nimaga da’vat etilganlarini tushuntirmoqda. U ularni hosil yig‘ish uchun tanladi. Ular nafaqat bu hayotda mukofot oladilar, balki abadiy hayot uchun ham hosil to‘playdilar. Masihga xizmat qilish hayotimizdagi ulkan mukofotdir. Ammo kelgusi kunlarda o‘roqchilar samoda Xushxabarni e’lon qilishdagi sadoqatlari natijasini - najot topgan jonlarni ko‘rib, qo‘shimcha quvonchga ega bo‘ladilar.

36-oyat insonga abadiy hayot o‘zining sodiq hosili bilan emas, balki mehnati samarasi abadiy hayotga cho‘zilishi tufayli nasib etishini o‘rgatadi.

Osmonda ekuvchi ham, o‘ruvchi ham birga quvonadi. Yerdagi hayotda dala avval ekishga tayyorlanadi, so‘ngra unga urug‘ sepiladi. Keyinchalik g‘alla o‘rib olinadi. Ruhiy hayotda ham shunday bo‘ladi. Avval Xushxabar va’z qilinishi, keyin esa ibodat bilan "sug‘orilishi" kerak. Hosil yig‘ish vaqti kelganda esa, mehnatda ishtirok etganlarning barchasi birgalikda quvonadi.

4:37 Bunda Rabbimiz o‘sha davrlardagi: "Biri ekadi, boshqasi o‘radi" degan hikmatning amalga oshayotganini ko‘rdi. Ba’zi masihiylar yillar davomida Xushxabarni va’z qilib, o‘z mehnatlaridan katta natija ko‘rmaydilar. Boshqalar esa ularga ergashib, ko‘plab jonlarni Rabbimizga olib keladilar.

4:38 Iso O‘z shogirdlarini boshqalar tomonidan tayyorlangan joylarga yubordi. Butun Eski Ahd davrida payg‘ambarlar Injil va Masih davrining kelishini bashorat qilishgan.

Rabbimizning o‘tmishdoshi sifatida Yahyo Cho‘mdiruvchi kelib, odamlarning qalblarini Uni qabul qilishga tayyorladi. Rabbimizning O‘zi Samariyaga urug‘ sepdi va o‘rim-yig‘im uchun hosilni tayyorladi. Endi shogirdlar hosildor dalaga chiqishga tayyor edilar va Rabbimiz ularning Masihga yuz tutgan ko‘plab odamlarni ko‘rib quvonishlarini, boshqalar mehnat qilganini, o‘zlari esa ularning ishiga qo‘shilganini tushunishlarini istardi.

Juda kam kishilargina bir insonning xizmati tufayli najot topadilar. Ko‘pchilik odamlar Najotkorni qabul qilishdan oldin Injilni ko‘p marta eshitgan bo‘ladi. Shuning uchun, oxirida insonni Masihning huzuriga olib keladigan kishi, go‘yo bu ajoyib ishda Xudoning qo‘lidagi yagona quroldek, o‘zini ulug‘lamasligi kerak.

M. Ko‘plab samariyaliklar Isoga ishondi (4:39−42)

4:39 Samariyalik ayolning sodda va samimiy guvohligi tufayli ko‘p odamlar Rabbimiz Isoga imon keltirdi. U atigi bir necha so‘z aytdi: "U men qilgan hamma narsani aytdi," ammo bu ularni Najotkorga olib kelish uchun yetarli bo‘ldi. Bu so‘zlar Masih haqida guvohlik berishda soddalik, jasorat va ochiqko‘ngillik borasida bizga o‘rnak bo‘lishi lozim.

4:40 Samariyaliklarning Hazrati Isoni kutib olishi yahudiylarning Unga munosabatidan butunlay farq qilardi. Ehtimol, samariyaliklar bu ajoyib Zotning qadrini bilib, Uni o‘zlarida qolishga taklif qilishgandir. Rabbimiz taklifni qabul qilib, u yerda ikki kun turdi. O‘ylab ko‘ring-a, hayot va shon-shuhrat Egasining huzuridan bahramand bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lgan Sihar shahri qanday imtiyozga ega edi!

4:41−42 Ikkita bir xil imon keltirish yo‘li bo‘lmaydi. Ba’zilar ayolning guvohligi orqali ishonishdi. Rabbimiz Isoning so‘zlariga ishonganlar esa yanada ko‘proq edi. Xudo gunohkorlarni O‘ziga jalb qilish uchun turli yo‘llardan foydalanadi. Faqat bir narsa - Rabbimiz Iso Masihga ishonish kerak. Bu samariyaliklarning Najotkor haqida shunday aniq guvohlik berayotganlarini eshitish juda ajoyib. Ularda zarracha shubha yo‘q edi. Ular ayolning so‘ziga emas, balki Rabbimiz Isoning so‘ziga asoslanib, najot topishga to‘la ishonch hosil qildilar. Samariyaliklar Unga quloq solib, Uning so‘zlariga imon keltirib, Uning haqiqatan ham dunyoning Najotkorisi, Masih ekanini angladilar.

Bunday tushunchani ularga faqat Muqaddas Ruh berishi mumkin edi. Shubhasiz, yahudiylar Masih faqat o‘zlari uchun keladi deb o‘ylashgan. Ammo samariyaliklar Masihning vazifasi butun dunyoga tegishli ekanligini tushunib yetishdi.

N. Ikkinchi mo‘jiza: amaldor o‘g‘lining shifo topishi (4:43−54)

4:43−44 Samariyaliklarda o‘tkazilgan ikki kundan so‘ng, Rabbimiz Jalilaga yo‘l oldi. 44-oyatni tushunish biroz mushkul. Unda aytilishicha, Najotkorning Samariyadan Jalilaga ketishiga payg‘ambar o‘z vatanida hurmatga sazovor bo‘lmasligi sabab bo‘lgan. Biroq Uning vatani Jalila edi, chunki Nosira shahri aynan o‘sha yerda joylashgan. Ehtimol, bu oyatda Iso Jalilaga kirgani, ammo Nosira shahriga kirmagani nazarda tutilgandir. Qanday bo‘lmasin, inson o‘z vatanida boshqa joylardagidek qadrlanmasligi haqidagi gap, albatta, to‘g‘ri. Qarindoshlari va do‘stlari Uni o‘zlaridan farq qilmaydigan oddiy bola sifatida eslashadi. Haqiqatan ham, Hazrati Isoning yurtdoshlari Uni munosib baholamagan.

4:45 Jalilaga qaytgach, Rabbimiz yaxshi kutib olindi, chunki odamlar bayram paytida Quddusda Uning barcha ishlarini ko‘rgan edilar. Bu yerda tilga olingan jalilaliklarning yahudiylar bo‘lgani ehtimoldan yiroq emas. Ular Quddusga sajda qilish uchun borgan edilar. U yerda Rabbimizni ko‘rib, Uning qudratli ishlariga guvoh bo‘ldilar. Endi ular Isoni o‘z Jalilalarida ko‘rishni istar edilar. Bu Isoni Xudoning O‘g‘li deb tan olganlari uchun emas, balki Iso qayerda bo‘lmasin, shuncha gap-so‘zlarga sababchi bo‘lgan Zotni ko‘rishga qiziqishlari tufayli edi.

4:46 Kana qishlog‘i yana Rabbimizning tashrifiga muyassar bo‘ldi. Birinchi tashrifida odamlar Uning suvni sharobga aylantirganini ko‘rgan edilar. Endi ular yana bir qudratli mo‘jizaning guvohi bo‘lishlari kerak edi, bu haqda hatto Kapernaumgacha ovoza tarqaladi. Kapernaumdagi bir amaldorning o‘g‘li kasal edi. Chamasi, bu odam shoh Hirodning xizmatidagi yahudiy edi.

4:47 U Iso Yahudiyadan Jalilaga kelganini eshitdi. U Isoning shifolash qudratiga ishongan bo‘lishi kerak, chunki to‘g‘ridan-to‘g‘ri Isoning oldiga kelib, Undan o‘lim to‘shagida yotgan o‘g‘lini davolashni so‘radi. Shu ma’noda, u boshqa yurtdoshlariga qaraganda Rabbimizga ko‘proq ishonardi.

4:48 Nafaqat amaldorga, balki barcha yahudiylarga murojaat qilib, Rabbimiz ularning "milliy xususiyati"ni eslatdi: ular avval mo‘jizalarni ko‘rishni, keyin esa ularga ishonishni xohlashardi. (Yunon tilida bir kishiga va ko‘pchilikka murojaat qilishning alohida shakllari mavjud. Bu yerda ko‘plik shakli qo‘llanilgan.) Aslida, biz Rabbimiz Isoni mo‘jizalarga asoslangan ishonch emas, balki faqat Uning kalomiga asoslangan ishonch qoniqtirganini ko‘ramiz.

Unga ko‘proq hurmat ko‘rsatiladi, chunki U aytgan so‘zlarga ishonishadi, U ko‘rsatgan narsalarga emas. Inson ishonishdan oldin ko‘rishni istaydi. Ammo Hazrati Iso bizni avval ishonishga, keyin ko‘rishga o‘rgatadi.

Karomat va mo‘jizalar mo‘jiza tushunchasiga kiradi. Karomat - chuqur ma’no yoki ahamiyatga ega bo‘lgan mo‘jizalardir. Mo‘jizalar esa odamlarni g‘ayritabiiy holati bilan hayratga soladigan g‘ayrioddiy hodisalardir.

4:49 Saroy amaldori chinakam ishonch bilan Hazrati Iso o‘g‘lini davolay olishiga ishonardi va dunyodagi hamma narsadan ko‘ra Rabbimizning uning oldiga kelishini xohlardi. Ammo uning ishonchi to‘liq emas edi. U Iso bolani davolash uchun uning to‘shagi yonida turishi kerak deb o‘ylardi. Biroq Qutqaruvchi uni buning uchun koyimadi, aksincha, ko‘rsatgan ishonchi uchun mukofotladi.

4:50 Bu yerda bizga insonning ishonchi o‘sishi ko‘rsatilgan. U o‘z ishonchini namoyon etdi va Parvardigor unga yanada ko‘proq berdi. Iso uni uyiga jo‘natib: "O‘g‘ling sog‘-salomat", deb va’da qildi. O‘g‘li shifo topdi! U hech qanday mo‘jiza va isbotisiz Hazrati Isoning so‘ziga ishonib, uyiga yo‘l oldi. Bu - amaldagi ishonchdir!

4:51−52 Yo‘lda xizmatkorlar uni o‘g‘lining sog‘ayib ketganligi haqidagi xushxabar bilan kutib olishdi. Bu xabar uni zarracha ham hayratga solmadi. U Hazrati Isoning va’dasiga ishonar va endi o‘z ishonchining isbotini ko‘rardi. Ota xizmatkorlardan o‘g‘lining ahvoli qachon yaxshilanganini so‘radi. Ularning javobi davolanish asta-sekin emas, balki bir zumda sodir bo‘lganini ko‘rsatdi.

4:53 Endi bu ajoyib mo‘jizaga zarracha shubha qolmadi. O‘tgan kuni soat yettida Iso Kanadagi saroy amaldoriga: "O‘g‘ling sog‘-salomat", dedi. Xuddi shu soatda Kapernaumda o‘g‘li tuzalib ketdi va isitma uni tark etdi. Bundan saroy amaldori, mo‘jiza yaratish yoki ibodatga javob berish uchun Hazrati Isoning jismonan hozir bo‘lishi shart emasligini tushundi. Bu barcha masihiylarni ibodat qilishga undashi lozim. Dunyoning istalgan joyida va istalgan vaqtda iltijolarimizni eshitadigan va O‘z maqsadlarini amalga oshira oladigan qudratli Xudoyimiz bor.

Saroy amaldorining o‘zi va butun xonadoni imon keltirdi. Ushbu va shunga o‘xshash boshqa oyatlardan ko‘rinib turibdiki, Xudo Masihda birlashgan oilalarni ko‘rishni yoqtiradi. U osmondagi oilalarning bo‘linishini istamaydi. U barcha oila a’zolari Uning O‘g‘liga imon keltirishlari uchun g‘amxo‘rlik qiladi va bu haqiqatlarni qayd etadi.

4:54 Saroy amaldori o‘g‘lining shifo topishi shu paytgacha Rabbimiz xizmatidagi ikkinchi mo‘jiza emas edi. Bu Iso Yahudiyadan Jalilaga qaytib kelganida ko‘rsatgan ikkinchi mo‘jiza edi.

Muqaddas Kitob ONLINE

1 Iso Yahyodan ko‘ra ko‘proq shogird orttirib, suvga cho‘mdiryapti, degan xabar farziylarning qulog‘iga yetib bordi.
2 Vaholanki, xalqni Isoning O‘zi emas, shogirdlari suvga cho‘mdirayotgan edilar. Bu xabar farziylarning qulog‘iga yetib borganini Iso eshitgach,
3 Yahudiyani tark etib, yana Jalilaga yo‘l oldi.
4 U yo‘lda Samariyadan o‘tishi kerak edi.
5 Shunday qilib, U Samariyaning Sihar degan shahriga keldi. Bu shahar Yoqub o‘z o‘g‘li Yusufga bergan yerga yaqin edi.
6 Yoqubning qudug‘i ham o‘sha yerda edi. Yo‘l yurib charchagan Iso quduqning yoniga o‘tirdi. Taxminan tush payti edi.
7 Shu vaqt Samariyalik bir ayol suv olgani kelib qoldi. Iso unga: — Menga ichgani suv ber, — dedi.
8 Isoning shogirdlari esa ovqat sotib olish uchun shaharga ketgan edilar.
9 Samariyalik ayol Unga shunday dedi: — Siz yahudiy bo‘lsangiz, men esa Samariyalik ayol bo‘lsam, qanday qilib mendan suv so‘rashga jur’at etdingiz?! (Nega desangiz, yahudiylar Samariyaliklar bilan aloqa qilmaydilar.)
10 Iso ayolga dedi: — Xudo senga qanday in’om bermoqchi ekanligini va sendan suv so‘ragan Odam kim ekanligini sen bilmaysan. Bilganingda edi, o‘zing Undan suv so‘ragan bo‘lar eding va U senga hayotbaxsh suvni bergan bo‘lardi.
11 — Taqsir! — dedi ayol, — Sizda suv oladigan hech narsangiz yo‘q–ku, quduq esa chuqur. Hayotbaxsh suvingizni qayerdan olasiz?
12 Bu quduqni bizga bobokolonimiz Yoqub bergan. Uning o‘zi ham, bolalari ham, chorvalari ham bu quduqdan suv ichgan. Nahotki Siz Yoqubdan ham ustun bo‘lsangiz?!
13 Iso ayolga shunday javob berdi: — Bu suvdan kim ichsa, yana chanqab qoladi.
14 Lekin Men beradigan suvdan kim ichsa, abadiy chanqamaydi. Men beradigan suv o‘sha odamning vujudida buloqqa aylanib, abadiy hayot sari jo‘shib oqadi.
15 — Taqsir, bu suvdan menga ham bering. Men ham hech qachon chanqamayin, suv olgani bu yerga kelavermayin, — dedi ayol.
16 — Borib, eringni bu yerga chaqirib kel, — dedi Iso.
17 — Mening erim yo‘q, — dedi ayol. — Erim yo‘q, deb sen to‘g‘risini aytding, — dedi Iso.
18 — Sening besh nafar ering bo‘lgan, hozirgisi ham ering emas. Sen to‘g‘risini aytding!
19 — Hazrat, Siz payg‘ambar ekaningizni ko‘rib turibman, — dedi ayol.
20 — Ota–bobolarimiz Xudoga bu tog‘da sajda qilar edilar. Ammo sizlar — yahudiylar esa Xudoga sajda qilinadigan joy Quddusda, deysizlar.
21 Iso unga dedi: — Ey ayol, Menga ishongin, shunday vaqt keladiki, o‘shanda Otaga na bu tog‘da, na Quddusda sajda qilasizlar.
22 Sizlar — Samariyaliklar kimga sajda qilayotganingizni bilmaysizlar, bizlar esa kimga sajda qilayotganimizni bilamiz. Chunki najot yahudiylardan keladi.
23 Ammo shunday vaqtlar keladiki, haqiqiy sajda qiluvchilar Otaga Ruhda va haqiqatda sajda qiladilar. Bunday vaqt keldi ham! Ota shu yo‘sinda O‘ziga sajda qiluvchilarni izlaydi.
24 Xudo Ruhdir, Unga sajda qiluvchilar ham Muqaddas Ruh boshchiligida, haqiqatni bilgan holda sajda qilishlari lozim.
25 Ayol Isoga dedi: — Men Masih kelishini bilaman. U kelganda, hamma narsani bizga tushuntiradi.
26 Iso ayolga dedi: — O‘sha Menman. Sen bilan gaplashib turibman.
27 Shu paytda Isoning shogirdlari kelib qolishdi. Uning bir ayol bilan gaplashayotganini ko‘rib hayron bo‘lishdi. Lekin birortasi ham: “Nima xohlaysiz?” yoki: “Nimaga bu ayol bilan gaplashyapsiz?” — deb so‘ramadi.
28 Ayol ko‘zasini o‘sha yerda qoldirdi–da, shaharga borib, odamlarga dedi:
29 — Yuringlar, bir Odamni ko‘ringlar. U mening qilgan hamma ishlarimni aytib berdi! O‘sha Masih emasmikin?
30 Odamlar shahardan chiqib, Isoning oldiga bordilar.
31 Shu orada shogirdlari Isoga: — Ustoz, ovqat yeb oling, — deb taklif qildilar.
32 Ammo Iso ularga dedi: — Mening yeydigan ovqatim bor, sizlar bu ovqat to‘g‘risida bilmaysizlar.
33 Shogirdlari o‘zaro gaplashib: — Biron kishi Unga ovqat keltirganmikin? — deb aytishardi.
34 Iso ularga dedi: — Mening ovqatim — Meni Yuborganning irodasini ado etish, Uning ishini tugatishdir.
35 Sizlar: “Ekinlar to‘rt oyda yetiladi”, degan iborani ishlatasizlar. Men esa sizlarga aytaman: Ko‘zlaringizni ochinglar! Ekinzorlarga qaranglar! Hosil yetilgan, o‘rim–terimga tayyor bo‘lgan.
36 O‘roqchi hozirdan yaxshi daromad olmoqda, abadiy hayot uchun hosil yig‘moqda. Toki hosilni ekkan va o‘rgan birga quvonishsin.
37 “Biri ekadi, boshqasi o‘radi”, degan maqol shu vaziyatga to‘g‘ri keladi.
38 Men sizlarni o‘zingiz mehnat qilib ekmagan hosilni o‘rgani yubordim. Boshqalar mehnat qilgan edilar, sizlar esa ularning mehnatidan foydalanasizlar.
39 Shundan keyin o‘sha shaharda yashovchi talay Samariyaliklar Isoga imon keltirishdi. Ular haligi ayolning “U mening qilgan hamma ishlarimni aytib berdi”, degan guvohligiga ishongan edilar.
40 Shunday qilib, Samariyaliklar Isoning oldiga kelib: “Biz bilan qoling”, deb Isoga yolvorishdi. Iso ikki kun o‘sha yerda qoldi.
41 Isoning aytgan so‘zlari tufayli ko‘p odamlar imon keltirdi.
42 Shunda ular ayolga dedilar: — Endi sening so‘zlaring tufayligina ishonayotganimiz yo‘q. Uni o‘zimiz ham eshitdik. U haqiqatan ham olamning Najotkori ekanligiga amin bo‘ldik.
43 Ikki kundan keyin Iso u yerdan Jalilaga jo‘nab ketdi.
44 U: “Payg‘ambar o‘z yurtida e’tibor topmaydi”, deb ta’kidlagandi.
45 Jalilaga kelganda esa, aholi Uni ochiq chehra bilan kutib oldi. Chunki ular Fisih bayrami uchun Quddusga borganlarida, u yerda Isoning qilgan hamma ishlarini ko‘rgan edilar.
46 Shunday qilib, Iso yana Jaliladagi Kana qishlog‘iga keldi. Bu yerda U suvni sharobga aylantirgan edi. O‘sha paytda Kafarnahum shahrida bir saroy amaldorining o‘g‘li kasal bo‘lib yotgan edi.
47 Bu odam Isoning Yahudiyadan Jalilaga kelganligini eshitib, Uning oldiga bordi. Isoga: “Yuring, o‘lim to‘shagida yotgan o‘g‘limga shifo bering”, deb yolvordi.
48 — Sizlar alomatu mo‘jizalar ko‘rmaguncha ishonmaysizlar! — dedi unga Iso.
49 — Yura qoling Hazrat, o‘g‘ilginam o‘lib qolmasin! — dedi saroy amaldori Unga.
50 — Siz boravering. O‘g‘lingiz sog‘–salomat, — dedi Iso. U odam Isoning aytganiga ishonib, jo‘nab ketdi.
51 U hamon yo‘lda ekan, xizmatkorlari unga peshvoz chiqib: — O‘g‘lingiz sog‘–salomat, — degan xabar keltirdilar.
52 — Qaysi soatda ahvoli yengillashdi? — deya so‘radi u. — Kecha tushda, soat birlarda isitmasi tushdi, — deyishdi xizmatkorlar.
53 “O‘g‘lingiz sog‘–salomat”, degan so‘zlarni Iso aynan shu vaqtda aytganini bolaning otasi angladi. Shunda o‘zi va butun xonadoni Isoga imon keltirdi.
54 Bu esa Isoning Yahudiyadan Jalilaga kelib ko‘rsatgan ikkinchi mo‘jizali alomati edi.