Kitobook.com
AudiokitoblarSimfoniyaGuvohliklarVIDEOUzMusic
KITOBLARAudiokitoblarҲикоялар китобиUZMUSICKINOLAR & MultfimlarNAJOT XABARIXushxabar hikoyalariQaraqalpaqsha KitapUzLatin
MakDonaldning Injil kitobiga o'zbek tilidagi sharhlari

Yuhanno Muqaddas xushxabar: 5Bob

Azərbaycan dilində Müqəddəs Kitab

III. XUDONING O‘G‘LI XIZMAT QILGAN IKKINCHI YIL (5-bob)

A. Uchinchi mo‘jiza: bemorning shifo topishi (5:1−9)

5:1 Bu bobda yahudiy bayramlaridan birining o‘tkazilish davri haqida hikoya qilinadi. Ko‘pchilik bu yerda yahudiylarning Fisih bayrami haqida gap ketayotganini taxmin qiladi, lekin bunga to‘liq ishonch yo‘q.

Tug‘ilishidan yahudiy bo‘lgan Iso, Xudo yahudiylarga bergan qonunlarga itoat etib, bayram kuni Quddusga keldi. Eski Ahdning Yahova Xudosi sifatida, Rabbimiz Iso yahudiylarning Fisih bayramini o‘rnatgan va unga birinchi o‘rinni bergan edi. Otasiga itoatkor Inson sifatida, endi U O‘zi o‘rnatgan qonunlarga bo‘ysundi.

5:2 Quddusda "Mehr uyi" yoki "Shafqat uyi" degan ma’noni anglatuvchi Vifezda nomli hovuz bor edi.

Bu hovuz Qo‘y darvozasi yonida joylashgan edi. Uning aniq joylashuvi qazishmalar natijasida ma’lum bo‘lgan (salibchilar ordeniga tegishli bo‘lgan Avliyo Anna cherkovi yaqinida). Hovuz atrofida beshta ustunli ayvon, ya’ni ko‘p sonli odamlarni sig‘dira oladigan katta ochiq xonalar mavjud edi. Ba’zi Muqaddas Kitob tadqiqotchilari, bu beshta ayvon Muso qonunini ifodalaydi va insonning chuqur muammolaridan xalos bo‘lishiga yordam bera olmaydi, deb hisoblaydilar.

5:3 Ko‘rinib turibdiki, Vifezda hovuzi shifo mo‘jizalari sodir bo‘ladigan joy sifatida mashhur edi. Bu mo‘jizalar yil bo‘yi ro‘y berganmi yoki faqat ba’zan, masalan, bayram kunlari sodir bo‘lganmi, buni biz bilmaymiz. Hovuz atrofida sog‘ayish umidida kelgan juda ko‘p bemorlar yotardi. Ularning ba’zilari ko‘r, ba’zilari cho‘loq, ba’zilari falaj edi. Bu turli xil ojizliklar gunohkor insonni: uning nochorligi, ko‘rligi, oqsoqligi va yaroqsizligini aks ettiradi. Gunohi tufayli azob chekayotgan bu odamlar suvning harakatlanishini kutishardi. Ularning qalblari kasalliklardan xalos bo‘lish umidi bilan to‘lib-toshgan va ular chin dildan shifo topishni istashardi.

D. G. Bennet shunday deydi:

"Garchi u yerda Xudoning O‘g‘li bo‘lsa-da, ular o‘zgaruvchan va aldamchi suv atrofida iztirob chekishardi. Shubhasiz, bu biz uchun saboqdir. Odamlar bilan to‘la hovuz va sezdirmay o‘tib ketayotgan Iso! Insoniyat dinining belgilari shu! Barcha murakkab mexanizmlari bilan buyruq va ko‘rsatmalarga intilish va Xudoning inoyatiga e’tibor bermaslik." (James Gifford Bellett, The Evangelists, 50-bet.)

5:4 Bu yerda bizning qiziqishimizni qondirish uchun juda oz narsa aytilgan. Bizga ma’lum bo‘lishicha, Parvardigorning farishtasi vaqti-vaqti bilan hovuzga tushib, suvni loyqalatib turardi. Suv loyqalanganda birinchi bo‘lib suvga kirgan odam sog‘ayib ketardi. Faqatgina bir kishi shifo topishi mumkin bo‘lsa-da, yordamga muhtoj bo‘lgan odamlarning suvga intilishlari qanchalik ayanchli manzara bo‘lganini tasavvur qilish mumkin.

Muqaddas Kitobning ko‘plab nusxalarida 3-oyatning oxirgi qismi ("suvning harakatini kutayotganlar" so‘zlaridan) va 4-oyatning hammasi yo‘q, lekin aksariyat qo‘lyozmalarda bu so‘zlar mavjud. Izohi bo‘lmagan hikoyadan bu bemorlarning nima uchun u yerda bo‘lganini tushunish qiyin.

5:5−6 Hovuzda o‘ttiz sakkiz yildan beri kasal bo‘lgan bir kishi bor edi. Demak, u Xaloskor tug‘ilishidan oldin kasal bo‘lib qolgan. Rabbimiz Iso hamma narsani bilardi. Ilgari bu odamni hech qachon uchratmagan edi. Ammo U uning uzoq vaqtdan beri kasal ekanini bilardi.

Mehr-muhabbatga to‘lib, U bemorga: "Sog‘ bo‘lishni istaysanmi?" dedi. Iso bu inson qalbining eng ezgu orzusi ekanini bilardi. Shu bilan birga, U insonning o‘z ojizligini va davolanishga muhtojligini tan olishiga erishmoqchi edi. Bu najotga ham taalluqli. Rabbimiz biz najot topishni istashimizni biladi, lekin U bizdan halok bo‘lganimizni tan olishimizni, Unga muhtoj ekanimizni va Uni Xaloskorimiz sifatida qabul qilishimizni kutadi. Biz o‘z xohishimiz bilangina najotga erisha olmaymiz, ammo Xudo ruhni qutqarishidan oldin inson irodasi namoyon bo‘lishi kerak.

5:7 Bemorning javobi juda ayanchli edi. Ko‘p yillar davomida u hovuz yonida yotar va suv harakatlanganda kimdir uni suvga tushirishini kutar, ammo unga yordam beradigan hech kim yo‘q edi. O‘zi kirmoqchi bo‘lganida, boshqa birov undan oldinroq kirardi. Bu, agar boshqalarga suyanib, ular bizni gunohlardan xalos etishiga umid bog‘lasak, umidsizlikka tushishimizni eslatadi.

5:8 Odam uchun yumshoq to‘shak yoki yengil matras to‘shak vazifasini o‘tagan. Iso unga o‘rnidan turib, to‘shagini olib, yurishni buyurdi. Biz uchun saboq shuki, najot topganimizdan keyin nafaqat o‘rnimizdan turishimiz, balki yurishimiz ham kerak. Rabbimiz Iso bizni gunoh moxovidan davolab, Unga munosib tarzda yurishimizni istaydi.

5:9 Najotkor hech qachon kuch bermasdan turib, biror narsani buyurmaydi. U gapirayotganda, bemorning tanasiga yangi hayot va kuch kirdi. U shu zahotiyoq sog‘ayib ketdi. Bu asta-sekin sog‘ayish emas edi. Yillar davomida ishlamagan va zaif bo‘lgan a’zolar endi kuchga to‘ldi. Darhol Rabbimizning so‘ziga itoat etish boshlandi. Bemor to‘shagini ko‘tarib ketdi. O‘ttiz sakkiz yillik kasallikdan so‘ng u qanday hayajon bilan oyoqqa turgan bo‘lsa kerak! Bu mo‘jiza haftaning yettinchi kuni, ya’ni bizning shanba kunimizga to‘g‘ri keladigan shabbat kuni sodir bo‘ldi. Yahudiylarga shabbat kuni ishlash taqiqlangan edi. Bu odam yahudiy edi, lekin Rabbimiz Isoning so‘zlaridan keyin, yahudiylarning shu kunga oid urf-odatlariga qaramay, to‘shakni ko‘tarishdan qo‘rqmadi.

B. Yahudiylarning qarshiligi (5:10−18)

5:10 Yahudiylar shanba kuni to‘shagini ko‘tarib ketayotgan odamni ko‘rgach, uni koyiy boshladilar. Bu odamlar o‘z diniy marosimlarini bajarishni juda qattiq va hatto shafqatsizlik bilan talab qilar, qonunning harfiga qat’iy rioya qilar, ammo boshqalarga nisbatan mehr-shafqat va rahmdillikni kamdan-kam namoyon qilardilar.

5:11 Shifo topgan odam juda oddiy javob berdi. U o‘zini sog‘aytirgan Zot unga to‘shagini olib yurishni buyurganini aytdi. O‘ttiz sakkiz yil davomida xasta bo‘lgan odamni davolash qudratiga ega bo‘lgan Zotga, U hatto shanba kuni to‘shakni ko‘tarishni buyursa ham, itoat etish lozim! O‘sha paytda sog‘aygan kishi, aslida, Rabbimiz Iso kim ekanligini bilmas edi. U Iso haqida umumiy so‘zlar bilan, biroq samimiy minnatdorchilik bilan gapirdi.

5:12 Yahudiylar bu odamga shanba kungi an’anani buzishga kim ruxsat berganini bilishni juda xohlashdi va undan ayblanuvchini tasvirlab berishni so‘rashdi. Muso qonuniga ko‘ra, kimki shanba kunini buzsa, toshbo‘ron qilib o‘ldirilishi kerak edi. Yahudiylar bemorning shifo topgani bilan qiziqishmadi.

5:13 Shifo topgan odam uni kim davolaganini bilmasdi. U buni aniqlay olmadi, chunki Iso hovuzdagi odamlar orasiga kirib g‘oyib bo‘lgan edi. Bu voqea Rabbimiz Iso Masihning umumiy xizmatidagi burilish nuqtalaridan biri edi. U shanba kuni mo‘jiza ko‘rsatdi va shu bilan yahudiy yetakchilarining g‘azabi va nafratini qo‘zg‘atdi. Ular Isoni ta’qib qilib, Uni o‘ldirish yo‘llarini izlay boshladilar.

5:14 Bir oz vaqt o‘tgach, Iso ma’badda shifo topgan odamni uchratdi. U, shubhasiz, hayotida sodir bo‘lgan ajoyib mo‘jiza uchun Xudoga shukrona aytayotgan edi. Rabbimiz unga shunday ulug‘ marhamat ko‘rsatilgach, endi bir mas’uliyatni zimmasiga olishi lozimligini eslatdi. Imtiyoz doimo mas’uliyat bilan yonma-yon keladi. "Mana, sen sog‘ayding. Endi gunoh qilma, tag‘in boshingga bundan ham yomonroq narsa tushmasin". Biz xulosa qilishimiz mumkinki, bu odam dastlab hayotidagi qandaydir gunoh tufayli kasallikka chalingan. Ammo kasallikning asosida doim ham gunoh yotmaydi. Inson hayotidagi ko‘plab kasalliklar sodir etilgan gunoh bilan bevosita bog‘liq emas. Masalan, chaqaloqlar ongli ravishda gunoh qilishga ulgurmasdan oldin kasal bo‘lib qolishlari mumkin. Iso: "Endi gunoh qilma", deb Xudoning muqaddaslik mezonini ifodaladi. Agar U: "Iloji boricha kamroq gunoh qil", desa edi, U Xudo bo‘lmas edi. Xudo hech qanday darajadagi gunohga yo‘l qo‘ymaydi. So‘ng Iso yana bir bor ogohlantirib: "...tag‘in boshingga bundan ham yomonroq narsa tushmasin", dedi. Rabbimiz yomonroq narsa deganda nimani nazarda tutganini aniq aytmadi. Shubhasiz, U gunohning oqibatlari jismoniy kasallikdan ko‘ra dahshatliroq ekanini bu odamning ongiga yetkazmoqchi bo‘ldi. Gunohlar ichida o‘layotganlar abadiy g‘azab va azob-uqubatlarga mahkumdirlar.

Inoyatga qarshi gunoh qonunga qarshi gunohdan ko‘ra ancha jiddiyroqdir. Iso bu odamga ajoyib muhabbat va marhamat ko‘rsatdi. Ilgari uni kasallikka giriftor qilgan o‘sha gunohkorona hayotni davom ettirish uchun chiqib ketsa, bu o‘taketgan noshukurlik bo‘lardi.

5:15 Samariyalik ayol singari, bu odam ham o‘z Xaloskori haqida omma oldida guvohlik berishni istadi. U yahudiylarga o‘zini davolagan Iso ekanini ma’lum qildi. Garchi yahudiylar bunga e’tibor bermasalar-da, u Isoni ulug‘lamoqchi edi. Ularning asosiy maqsadi Isoni qo‘lga olib, jazolash edi.

5:16 Bu yerda insonning dahshatli darajada buzilgan qalbi aks ettirilgan. Najotkor kelib, buyuk shifo ishini amalga oshirdi, bu esa yahudiylarni g‘azablantirdi. Ular mo‘jiza shanba kuni sodir bo‘lganidan g‘azablanishdi. Ular diniy aqidalarning beparvo izdoshlari bo‘lib, o‘z xalqining baxt-saodati va farovonligidan ko‘ra marosimlarni bajarishdan ko‘proq manfaatdor edilar. Ular oldlarida shanba kunini ajratib qo‘ygan va endi o‘sha kunda marhamat ko‘rsatayotgan Zot turganini anglamasdilar.

Rabbimiz Iso shanba kunini buzmadi. Qonun bu kuni og‘ir mehnat qilishni taqiqlagan, ammo yordam va marhamat ko‘rsatishni man etmagan.

5:17 Olti kunda dunyoni yaratishni tugatgach, Xudo yettinchi kuni dam oldi. Bu shanba kuni edi. Ammo dunyoga gunoh kirib kelgach, Xudoning osoyishtaligi buzildi. Endi U erkak va ayollarni O‘zi bilan muloqotga qaytarish uchun uzluksiz ishlashi lozim. U najot topish imkoniyatini ta’minlashi kerak. U barcha avlodlarga Xushxabar xabarini yetkazishi kerak. Shunday qilib, Odam Ato gunoh qilganidan to hozirgacha Xudo tinmay mehnat qilgan va hozir ham mehnat qilmoqda. Xuddi shu narsa Rabbimiz Isoga ham taalluqli. U Otasining ishi bilan band edi, Uning sevgisi va marhamatini haftaning olti kuni bilan cheklab bo‘lmaydi.

5:18 Bu oyat juda muhim. U bizga shuni aytadiki, yahudiylar Rabbimiz Isoni o‘ldirish uchun yanada ko‘proq imkoniyat izlay boshladilar, chunki U nafaqat shanba kunini buzdi, balki O‘zini Xudoga tenglashtirdi! Ularning tor fikrli aqliga Rabbimiz shanba kunini buzayotgandek tuyuldi, aslida esa unday emasdi. Ular Xudo hech qachon shanba kuni inson biror qiyinchilik chekishini istamasligini tushunishmasdi. Agar odamni shanba kuni davolash mumkin bo‘lsa, Xudo uning yana bir kun azob chekishini xohlamaydi. Iso Xudoni O‘zining Otasi deb ataganida, yahudiylar U Xudoga teng bo‘lishni da’vo qilayotganini angladilar.

Bu ular uchun dahshatli shakkoklik bo‘lib tuyuldi. Aslida esa bu faqat haqiqat edi. Hazrati Iso chindan ham o‘zini Xudoga teng deb e’lon qilganmidi? Agar xohlasa, buni yahudiylarga tushuntirib berar edi. Buning o‘rniga, keyingi oyatlarda U chindan ham Otasi bilan bir ekanini yanada qat’iyroq ta’kidladi.

D. Sidlou Bakster shunday yozadi:

"U yetti jihatda tenglikka da’vo qiladi: 1) mehnatlari tengligiga: "...U (Ota) nimani qilsa, O‘g‘il ham xuddi shuni qiladi" (19-oyat); 2) bilimda tenglik: "Chunki Ota O‘g‘ilni sevadi va O‘zi qilayotgan hamma narsani Unga ko‘rsatadi" (20-oyat); 3) o‘liklarni tiriltirishda tenglik: "Ota o‘liklarni tiriltirganidek va hayot berganidek, O‘g‘il ham xohlagan kishisiga hayot beradi" (21-oyat, shuningdek, 28-29-oyatlarga qarang); 4) hukm qilish huquqida tenglik: "Zero, Ota hech kimni hukm qilmaydi, balki barcha hukmni O‘g‘ilga topshirgan" (22-oyat, shuningdek 27-oyat); 5) izzat-hurmatda tenglik: "Hamma Otani qanday hurmat qilsa, O‘g‘ilni ham shunday hurmat qilsin" (23-oyat); 6) abadiy hayot berish huquqida tenglik: "...Mening so‘zimni eshitib, Meni yuborgan zotga ishongan... o‘limdan hayotga o‘tgan bo‘ladi" (24-25-oyatlar); 7) o‘z-o‘zidan mavjudlikda tenglik: "Zero, Ota O‘zida hayotga ega bo‘lgani kabi, O‘g‘ilga ham O‘zida hayotga ega bo‘lishni ato etgan" (26-oyat)". (J. Sidlou Baxter, Kitobni o‘rganing, V:309.)

D. Iso o‘zining Xudo bilan tenglik da’vosini himoya qiladi (5:19−29)

5:19 Najotkor Ota Xudo bilan shunchalik chambarchas bog‘langan ediki, U mustaqil harakat qila olmasdi. Bu Uning o‘zi hech narsa qila olmasligini anglatmaydi, balki U Xudo bilan shunchalik chambarchas bog‘langanki, faqat Otasi qilayotgan ishni qila olardi. Garchi Rabbimiz o‘zini Ota bilan teng deb da’vo qilsa-da, mustaqillikni talab qilmagan. U mustaqil emas, balki U bilan mutlaq teng edi.

Shubhasiz, Hazrati Iso yahudiylar Uni Xudoga teng deb bilishlarini istagan. Oddiy odam Xudoning O‘zi bilan bir xil ishlarni qiladi, deb da’vo qilishi bema’nilik bo‘lardi. Iso Yaratuvchi Otasini ko‘rganini aytadi. Bunday deyish uchun, U doimo Otasi bilan yaqin aloqada bo‘lishi va osmonda sodir bo‘layotgan barcha narsalarni to‘liq bilishi kerak. Ammo U shuningdek, Yaratuvchi Otadan nimani ko‘rgan bo‘lsa, o‘shani qilishini ta’kidlaydi. Bu, shubhasiz, Uning Xudoga tengligi haqidagi bayonotdir. U zot qodir-u qudratlidir.

5:20 Otaning O‘z O‘g‘liga bo‘lgan muhabbatining o‘ziga xosligi shundaki, U O‘zi qilayotgan barcha narsalarni Unga ko‘rsatadi. Bu "hammasini" Iso nafaqat ko‘rgan; Uning buni qilishga qudrati yetadi. Keyin Najotkor Xudo unga bulardan ham ulkanroq ishlarni ko‘rsatishini, hamma hayratda qolishini aytdi.

Yahudiylar Iso Payg‘ambarning mo‘jizalar ko‘rsatayotganini allaqachon ko‘rishgan edi. Ular hozirgina o‘ttiz sakkiz yil kasal bo‘lgan odamni qanday shifolaganiga guvoh bo‘lishdi. Ammo ular bundan ham ulkanroq mo‘jizalarni ko‘radilar. Bunday mo‘jizalarning birinchisi o‘liklarning tirilishi bo‘ladi (21-oyat). Ikkinchisi - insoniyat ustidan hukm (22-oyat).

5:21 O‘g‘ilning Otasi bilan tengligining yana bir aniq tasdig‘i bor. Yahudiylar Isoni Xudo bilan tenglikni da’vo qilishda ayblashdi. U bu ayblovlarni rad etmadi, balki U va Otaning bir ekanligini isbotlovchi kuchli dalillarni keltirdi. Ota o‘liklarni tiriltirib, hayot baxsh etgani kabi, O‘g‘il ham xohlagan kishisiga hayot beradi. Agar U oddiy inson bo‘lganida, bunday gaplarni ayta olarmidi? Savol o‘z-o‘zidan javob bo‘ladi.

5:22 Yangi Ahd ta’limoti shuni ko‘rsatadiki, Ota Xudo barcha hukmni O‘g‘liga topshirgan. Hukm chiqarish uchun, Hazrati Iso mukammal bilimga va mutlaq adolatga ega bo‘lishi kerak. U inson qalbidagi fikr va niyatlarni ajrata olishi lozim. Butun yer yuzi ustidan hukm chiqaradigan Zotning yahudiylar oldida turib, O‘z qudratiga dalillar keltirishi qanchalik g‘alati, axir ular baribir Uni tan olishmaydi-ku!

5:23 Bu yerda Xudo nima uchun O‘g‘liga o‘liklarni tiriltirish va dunyoni hukm qilish vakolatini berganligi tushuntiriladi. Sababi shuki, hamma Otani ulug‘lagandek, O‘g‘ilni ham ulug‘lasin. Bu Muqaddas Kitobdagi Rabbimiz Iso Masihning ilohiyligiga eng muhim da’vo va eng aniq dalillardan biridir. Muqaddas Kitobdan bilamizki, faqatgina yagona Xudoga sig‘inish kerak. O‘nta amrda odamlarga yagona haqiqiy Xudodan boshqa xudoga sig‘inish taqiqlangan. Endi esa, hamma Otani qanday ulug‘lasa, O‘g‘ilni ham shunday ulug‘lashi kerakligini bilib olamiz. Ushbu oyatdan faqat bitta xulosa chiqarishimiz mumkin: Iso Masih Xudodir. Ko‘pchilik odamlar Xudoga sig‘inishlarini da’vo qilishadi, lekin shu bilan birga Iso Masihning Xudo ekanligini inkor etishadi. Ular: "U ulug‘ zot yoki tirik mavjudotlardan ko‘ra Xudoga o‘xshashroq zot bo‘lgan," deyishadi. Ammo bu oyat Iso va Xudo o‘rtasida mutlaq tenglikni o‘rnatadi va odamlar Xudo Otani hurmat qilgandek O‘g‘ilni ham hurmat qilishlarini talab qiladi. Kim O‘g‘ilni hurmat qilmasa, Otani ham hurmat qilmaydi. Agar Rabbimiz Iso Masihga bo‘lgan muhabbat bo‘lmasa, Xudoga bo‘lgan muhabbat haqida gapirish befoyda. Agar siz ilgari Iso Masihning kimligini tushunmagan bo‘lsangiz, bu oyatni yaxshilab o‘ylab ko‘ring. Bu Xudoning Kalomi ekanini unutmang va Iso Masih tanada namoyon bo‘lgan Xudo ekani haqidagi ulug‘vor haqiqatni qabul qiling.

5:24 Avvalgi oyatlardan, Hazrati Iso tiriltirishga qodir ekanini va butun hukm Uning qo‘liga topshirilganini bilib oldik. Bu yerda biz qanday qilib Undan ma’naviy hayot olib, hukm qilinishdan qutulish mumkinligini bilib olamiz.

Bu Muqaddas Kitobdagi Xushxabarni e’lon qiluvchi eng mashhur oyatlardan biridir. Ko‘plab insonlar u orqali abadiy hayotga erishganlar. Shubhasiz, unga bo‘lgan bunday ulkan muhabbatning sababi shundaki, u najot yo‘lini aniq belgilab beradi. Hazrati Iso oyatni: "Haqiqatan, haqiqatan", deb boshlab, aytmoqchi bo‘lgan so‘zlarining ahamiyatiga e’tiborni qaratdi. Keyin shaxsan o‘zi qo‘shib qo‘ydi: "Sizlarga aytaman." Xudoning O‘g‘li bu yerda har birimizga shaxsan murojaat qilyapti. "Mening so‘zimni eshituvchi." Isoning so‘zlarini eshitish nafaqat tinglash, balki uni qabul qilish, unga ishonish va itoat etish demakdir. Ko‘p odamlar Injilni eshitadilar, ammo unga bo‘ysunmaydilar. Bu yerda Xudovand inson Uning ta’limotini Xudodan kelgan deb qabul qilishi va U dunyoning haqiqiy Najotkori ekanligiga ishonishi kerakligini aytmoqda.

"Meni yuborgan zotga iymon keltirgan." Bu Xudoga ishonish masalasidir. Ammo bu so‘zlar insonning Xudoga bo‘lgan ishonchi tufayli najot topishini anglatadimi? Ko‘pchilik Xudoga ishonganini da’vo qiladi, ammo haqiqatan iymon keltirmagan, tavba qilmagan. Buning ma’nosi shuki, biz Rabbimiz Iso Masihni dunyoga yuborgan Xudoga ishonishimiz kerak. Nimaga ishonish kerak? Xudo Rabbimiz Isoni bizning Najotkorimiz bo‘lish uchun yuborganiga ishonishimiz lozim. Xudoning Rabbimiz Iso haqida aytgan so‘zlariga, ya’ni U yagona Najotkor ekanligiga va gunohkorlar faqat Uning Golgotadagi qurbonligi orqali to‘liq najot topishlari mumkinligiga ishonish kerak.

"Abadiy hayotga ega." E’tibor bering, bu yerda inson abadiy hayotga ega bo‘ladi deyilmagan, balki u allaqachon abadiy hayotga ega. Abadiy hayot - Rabbimiz Iso Masihning hayotidir. Bu nafaqat abadiy davom etadigan hayot, balki undan yuqori darajadagi hayotdir. Bu Xaloskorning O‘ziga ishonganlarga bergan hayotidir. Bu insonning jismoniy tug‘ilishida olgan tabiiy hayotidan farqli o‘laroq, qaytadan tug‘ilish paytida yuqoridan olgan ruhiy hayotidir.

"Va hukm qilinmaydi." Bu yerda fikr shunday: u hozir ham, kelajakda ham hech qachon hukm qilinmaydi. Rabbimiz Isoga ishongan har bir kishi hukmdan ozoddir, chunki Masih uning gunohlarini Golgotada yuvgan. Xudo gunohlarni ikki marta yuvishni talab qilmaydi. Iso Masih gunohlarimizni yuvdi, shuning o‘zi kifoya. U kafforat ishini yakunladi va unga hech narsa qo‘shib bo‘lmaydi. Masihiy hech qachon o‘z gunohlari uchun jazolanmaydi. (Boshqa oyatlar ham borki, ularda imonli kishi bir kun kelib Masihning hukmiga duch kelishi aytilgan (Rimliklarga 14:10; 2 Korinfliklarga 5:10). Ammo o‘sha paytda u gunoh uchun jazolanmaydi. Chunki jazo allaqachon Golgotada ijro etilgan edi. Masihning mahkamasida imonli kishining hayoti va xizmati ko‘rib chiqiladi va u yo mukofot oladi, yoki jazolanadi. Shunda gap uning ruhini qutqarish haqida emas, balki hayotining samaradorligi haqida boradi.)

"Balki o‘limdan hayotga o‘tgan." Masihga ishongan odam ma’naviy o‘lim holatidan ma’naviy hayotga o‘tgan. O‘tishdan oldin u jinoyatlar va gunohlar ichida o‘lik edi. U Xudovand bilan muhabbat va muloqot uchun o‘lik edi. Iso Masihga ishonib, u Xudoning Ruhiga ega bo‘ladi va Ilohiy hayot egasiga aylanadi.

5:25 Bu bobda uchinchi marta va bu Injilda yettinchi marta Rabbimiz "Haqiqatan, haqiqatan" iborasini ishlatgan. Vaqt keldi va endi keldi deganda, Parvardigor O‘zining tarix sahnasiga chiqish vaqtini nazarda tutadi.

Ushbu oyatda qanday o‘liklar haqida gap ketyapti? Xudo O‘g‘lining ovozini eshitib, tiriladiganlar kimlar?

Albatta, bular Rabbimiz xizmat qilgan kunlarida tiriltirgan odamlardir. Ammo bu oyat kengroq ma’noga ham ega. Bu yerda tilga olingan o‘liklar gunoh va jinoyatlarda o‘lganlardir. Ular Injil Xushxabari targ‘ib qilinayotganda Xudo O‘g‘lining ovozini eshitadilar. Ular Xushxabarni qabul qilib, Najotkorni topgach, o‘limdan hayotga o‘tadilar.

25-oyatda moddiylik emas, balki ma’naviylik nazarda tutilayotganini tasdiqlash uchun ushbu oyat va 28−29-oyatlar o‘rtasidagi o‘xshashlik yoki farqlarni sanab o‘tamiz:

25-oyat 28−29-oyatlar

"O‘limdan hayotga" "O‘limdan hayotga"

"Vaqt keldi va endi keldi" "Vaqt keladi"

"o‘liklar" "qabrlardagi barcha odamlar"

"ovozni eshitadilar" "ovozni eshitadilar"

"va eshitib" "tirilishadi" "va chiqishadi"

5:26 Bu oyat insonning Rabbimiz Isodan qanday hayot olishi mumkinligini tushuntiradi. Ota hayot manbai va beruvchisi bo‘lgani kabi, U O‘g‘liga ham O‘zida hayotga ega bo‘lish va uni boshqalarga berish qobiliyatini ato etgan. Bu Iso Masihning ilohiyligi va Ota bilan tengligining yana bir aniq tasdig‘idir. Hech bir inson haqida u o‘zida hayotga ega deb aytib bo‘lmaydi. Har birimizga hayot berilgan, ammo u hech qachon Otaga yoki Rabbimiz Isoga berilmagan. Ularda abadiy hayot mavjud.

Bu hayotning boshlanishi bo‘lmagan. Uning O‘zlaridan tashqari hech qanday manbai yo‘q.

5:27 Xudo O‘g‘liga nafaqat O‘zida hayotga ega bo‘lishni, balki hukm chiqarish hokimiyatini ham berdi. Isoga hukm chiqarish vakolati berilishining sababi, U Inson O‘g‘li ekanligidir. Rabbimiz ham Xudoning O‘g‘li, ham Inson O‘g‘li deb atalgan. Xudo O‘g‘li nomi bizga Rabbimiz Isoning muqaddas Uchlikning a’zosi, Ilohiyatning yuzlaridan biri ekanligini eslatadi. Xudoning O‘g‘li sifatida U Ota va Muqaddas Ruh bilan teng, va Xudoning O‘g‘li sifatida U hayot beradi. Biroq U Inson O‘g‘li hamdir. U bu dunyoga Inson bo‘lib keldi, odamlar orasida yashadi va erkak-ayollarning Najotkoriga aylanib xochda o‘ldi. Inson bo‘lib kelgani uchun rad etildi va qiynaldi. Ammo bir kun U yana O‘z dushmanlarini hukm qilish uchun qaytadi va bir paytlar shafqatsizlarcha muomala qilingan o‘sha dunyoda hurmat-e’tiborga sazovor bo‘ladi. U ham Xudo, ham Inson bo‘lgani uchun mukammal Hakamdir.

5:28 Iso O‘zining Ota Xudo bilan tengligini aniq va ishonchli tarzda bayon qilganini eshitib, yahudiylar, tabiiyki, hayratda qolishdi. Iso ularning ongida qanday fikrlar paydo bo‘layotganini bilardi, shu bois ularga hayratlanmasliklarini aytdi. So‘ng ularning oldida yanada hayratlanarli haqiqatni ochishda davom etdi. Shunday payt keladiki, qabrlardagi barcha jasadlar Uning ovozini eshitadi. Xudo bo‘lmagan har qanday odamning og‘zidan qabrlarda yotgan jasadlar bir kun kelib uning ovozini eshitishi haqidagi bashorat qanchalik bema’ni eshitilardi! Bunday da’voni o‘z vaqtida faqat Xudo tasdiqlashi mumkin.

5:29 Barcha o‘liklar bir kun tiriladi. Ba’zilari hayotga, boshqalari esa hukmga qaytadilar. Qanday muhim haqiqat: qachonlardir yashagan va yashaydigan har bir inson ikki guruhdan biriga kiradi! (Agar Muqaddas Kitobda faqat shu oyat tirilish haqida bo‘lganida, barcha o‘liklar bir vaqtning o‘zida tiriladi degan xulosaga kelish mumkin edi. Biroq Muqaddas Bitiklar boshqa qismlaridan, ayniqsa Vahiy kitobidan (20-bob) bilamizki, ikki tirilish orasida kamida ming yillik davr bo‘ladi. Birinchi tirilishda Masihga ishonib najot topganlar tiriladi. Ikkinchi tirilishga imonsiz holda o‘lganlarning barchasi kiradi.)

29-oyat ezgu ishlar qilganlar o‘z yaxshi amallari uchun najot topishlarini, yomonlik qilganlar esa yomon hayotlari uchun hukmga duchor bo‘lishlarini o‘rgatmaydi. Inson yaxshi ishlar qilish orqali najot topmaydi, aksincha, najot topgani uchun yaxshi ishlar qiladi. Yaxshi amallar najotning asosi emas, balki uning mevasidir.

Ular sabab emas, natija. "Yomonlik qilganlar" iborasi hech qachon Rabbimiz Isoga ishonmagan va ishonch bildirmagan, shu bois Xudoning nazarida hayoti yovuz bo‘lganlarni anglatadi. Ular Xudo oldida turib, abadiy halokatga mahkum etilish uchun tiriladilar.

E. Isoning Xudoning O‘g‘li ekanligini tasdiqlovchi to‘rtta dalil (5:30−47)

5:30 Birinchi qarashda, "Men O‘zimcha hech narsa qila olmayman" iborasi Rabbimiz Isoning O‘zi hech narsa qila olmasligini anglatgandek tuyuladi. Biroq bu unday emas. Bu yerda boshqa ma’no bor: Iso Ota Xudo bilan shunchalik chambarchas bog‘langanki, yolg‘iz O‘zi harakat qila olmaydi. U O‘z xohishi bilan hech narsa qila olmaydi. Najotkorning o‘zboshimchaligiga ishora ham yo‘q edi. U Otasiga to‘liq itoat etib, Uning irodasiga muvofiq va U bilan uyg‘unlikda ish yuritardi.

Soxta ta’limotchilar ko‘pincha bu oyatdan foydalanib, Iso Masihning Xudo emasligini isbotlashga urinadilar. Ular aytadilar: U O‘zi biror narsa qila olmagan ekan, demak U faqat insondir. Ammo oyat buning mutlaqo aksini ta’kidlaydi. Odamlar xohlagan narsalarini qilishlari mumkin, bu Xudoning irodasiga mos keladimi yoki yo‘qmi, bundan qat’i nazar. Iso O‘zi bo‘lgan Zot, ya’ni Rabbimiz edi, shuning uchun bunday qila olmasdi. Buning sababi jismoniy emas, balki axloqiy. Uning jismoniy kuchi hamma narsani qilish uchun yetarli edi, ammo U noto‘g‘ri ishlarni qila olmasdi; va Xudoning, Uning Otasining irodasiga zid bo‘lgan hamma narsa U uchun noto‘g‘ri edi. Bu bayonot Rabbimiz Isoni boshqa yashagan odamlardan ajratib turadi. Iso Otasiga quloq solib, har kuni Undan yo‘l-yo‘riq olsa-da, O‘zi fikrladi, o‘rgandi va harakat qildi. Bu yerda "hukm qilaman" so‘zi huquqiy masalalarni hal qilishga emas, balki U qanday yo‘l tutishi yoki nima deyishi kerakligini hal qilishga taalluqli.

Najotkor hech qanday xudbinlik niyatida bo‘lmagani uchun, U masalalarni adolatli va xolisona hal qila olardi. Uning yagona istagi Otasiga manzur bo‘lish va Uning irodasini bajarish edi. Bu yo‘lda Unga hech narsa to‘sqinlik qila olmasdi. Shu sababli, Uning narsalar haqidagi hukmiga shaxsiy manfaatdorlik ta’sir etmasdi. Bizning fikrlarimiz va ta’limotlarimiz esa, umuman olganda, qanday yo‘l tutishni va nimaga ishonishni xohlashimizga bog‘liq. Ammo Xudoning O‘g‘lida hamma narsa boshqacha edi. Uning fikrlari yoki hukmlari O‘z foydasiga hal bo‘lmasdi.

U tarafkashlikdan xoli edi.

5:31 Ushbu bobning keyingi oyatlarida Hazrati Iso Masih O‘zining ilohiyligini tasdiqlovchi turli guvohliklarni keltirgan. U haqda Yahyo payg‘ambar (32-35-oyatlar), Uning ishlari (36-oyat), Ota (37-38-oyatlar) va Eski Ahd bitiklari (39-47-oyatlar) guvohlik bergan.

Avvaliga, Iso guvohlik haqida umumiy bayonot berdi. U: "Agar O‘zim haqimda guvohlik bersam, guvohligim haqiqiy emas," dedi. Bu, Hazrati Iso noto‘g‘ri gapirishi mumkin, degan ma’noni anglatmaydi. Ehtimol, U shunchaki bir kishining guvohligi sudda yetarli qonuniy dalil sifatida ko‘rib chiqilmasligini ta’kidlagan. Xudoning amriga ko‘ra, asosli sud muhokamasi uchun kamida ikki yoki uchta guvoh bo‘lishi kerak edi.

Shunday qilib, Hazrati Iso O‘zining ilohiyligini tasdiqlovchi ikkita yoki uchta emas, balki to‘rtta guvohlik keltirmoqchi edi.

5:32 Bu oyat kimga tegishli ekanligi haqida turli fikrlar mavjud: Yahyo payg‘ambarga, Ota Xudoga yoki Muqaddas Ruhga. Ba’zilar "boshqa" deganda Yahyo payg‘ambar nazarda tutilgan va bu oyat keyingi uch oyat bilan bog‘liq, deb hisoblaydilar. Boshqalar esa, Rabbimiz bu yerda O‘zi to‘g‘risida Muqaddas Ruhning guvohligi haqida gapirgan, deb o‘ylaydilar. Bizningcha, U bu yerda Otaning guvohligini nazarda tutgan (NKJVdagi bosh harfdagi "U" so‘zi tarjimonlar bu yerda Ilohiylikka ishora qilayotganini ko‘rsatadi).

5:33 Barcha guvohlarning eng ulug‘i bo‘lmish O‘z Otasini ko‘rsatib, Rabbimiz Yahyoning guvohligiga murojaat qildi. U imonsiz yahudiylarga, ular Yahyoning oldiga odam yuborib, uning so‘zlarini tinglaganlarini eslatdi. Yahyoning barcha guvohliklari Rabbimiz Iso Masih haqida edi. U odamlarga o‘zini ko‘rsatish o‘rniga, ularga Najotkorni ko‘rsatdi. U haqiqat bo‘lgan Zotga guvohlik berdi.

5:34 Hazrati Iso tinglovchilariga Uning Xudo bilan tenglik da’vosi faqat odamlarning guvohligiga asoslanmaganini eslatdi. Agar bu yagona dalil bo‘lganida, Uning ahvoli chindan ham umidsiz bo‘lardi. Ammo U Yahyo payg‘ambarning guvohligiga ishora qildi, chunki u Xudo tomonidan yuborilgan odam bo‘lib, Rabbimiz Iso haqida haqiqiy Masih va dunyoning gunohlarini ko‘taradigan Xudoning Qo‘zisi sifatida guvohlik bergan edi.

So‘ng qo‘shib qo‘ydi: "...lekin bularni sizlar najot topishingiz uchun aytyapman." Nega Hazrati Iso yahudiylar bilan uzoq suhbatlashdi? Ularga O‘zining haqligini, ularning esa nohaqligini ko‘rsatishga urindimi? Yo‘q, U O‘zining kimligini anglashlari va Uni va’da qilingan Najotkor sifatida qabul qilishlari uchun ularga bu ajoyib haqiqatlarni ochib berdi. Ushbu oyatdan Hazrati Isoning mehribon va rahmdil qalbi yaqqol ko‘rinib turibdi. U O‘zini yomon ko‘radiganlar bilan gaplashdi, ular tez orada Uning hayotiga qasd qilish uchun har qanday yo‘lni qidirishadi. Ammo qalbida ularga nisbatan hech qanday nafrat yo‘q edi. U faqat ularni seva olardi.

5:35 Bu yerda Rabbimiz Yahyo payg‘ambarni yonib turgan va nur sochayotgan chiroq sifatida ulug‘ladi. Bu, Yahyo boshqalarga yorug‘lik olib kelgan xizmatini g‘ayrat bilan bajarganini va odamlarga Isoni ko‘rsatish uchun o‘zini baxshida etganini anglatardi.

Dastlab, Isroil xalqi Yahyo payg‘ambarning oldiga oqib kelardi. U qandaydir yangilik, ularning hayotiga kirib kelgan g‘ayrioddiy shaxs edi va ular uni tinglash uchun kelishardi. Qisqa vaqt davomida ular uni mashhur diniy ustoz sifatida qabul qilishdi.

Nega ular Yahyo payg‘ambarni shunchalik iliq kutib olib, u va’z qilgan Zotni qabul qilmadilar? Ularning quvonchi vaqtinchalik edi, hech qanday tavba keltirmadi. Ular noizchil bo‘lib chiqdi. Ular bashoratchi kelishini qabul qildilar-u, Podshohni qabul qilmadilar! Iso Yahyoga yuksak baho berdi. Xudoning O‘g‘li O‘z xizmatkorlaridan birontasini yonib turgan va porlab turgan chiroq deb ataganida, bu chinakam maqtovdir. Rabbimiz Isoni sevgan har bir kishi Uning uchun yonib turgan va bu dunyoga yorug‘lik olib keladigan yorqin alanga bo‘lishga intilsin.

5:36 Yuhannoning guvohligini Masihning ilohiyligini isbotlovchi eng katta dalil deb bo‘lmaydi. Otasi Isoga bergan mo‘jizalar ham Uni haqiqatan Otasi yuborganini tasdiqlardi. Mo‘jizalarning o‘zi ilohiylikni tasdiqlamaydi. Muqaddas Kitobda mo‘jizalar yaratish qudratiga ega bo‘lgan odamlar va hatto yovuz mavjudotlar haqida o‘qiymiz. Biroq Iso Masihning mo‘jizalari boshqalarnikidan farq qilardi. Birinchidan, bu qudratli ishlarni yaratish uchun Uning O‘zida kuch bor edi, boshqalarga esa bu qudrat berilgandi. Boshqa odamlar mo‘jizalar ko‘rsatishgan, ammo o‘z kuchlarini boshqalarga o‘tkaza olishmagan. Iso Masih nafaqat O‘zi mo‘jizalar ko‘rsatdi, balki shogirdlariga ham shunday qilish huquqini berdi. Ikkinchidan, Xaloskorning barcha qilganlari Eski Ahdning Masih haqidagi bashoratlariga to‘liq mos kelardi. Uchinchidan, Iso Masih yaratgan mo‘jizalar o‘z tabiati, ko‘lami va soni jihatidan betakror edi.

5:37−38 Yana Rabbimiz Otasining guvohligi haqida gapirmoqda. Ehtimol, bu yerda Iso Masih suvga cho‘mdirilgan payt nazarda tutilgan. O‘shanda Ota Xudoning ovozi osmondan kelib, Iso Uning sevimli O‘g‘li ekanligi va Undan mamnun ekanligini bildirgan. Shuningdek, shuni ham qo‘shish kerakki, Iso Masihning hayoti, xizmati va mo‘jizalari orqali Ota ham Uning haqiqatan Xudoning O‘g‘li ekanligiga guvohlik bergan.

Ishonmagan yahudiylar Uning ovozini hech eshitmagan, Uning yuzini ham ko‘rmagan edilar.

Buning sababi ularda Uning so‘zi qolmaganida edi. Xudo odamlar bilan O‘z Kalomi - Muqaddas Kitob orqali gaplashadi. Yahudiylarning Eski Ahd kitoblari bor edi, lekin ular Xudoning Muqaddas Kitob orqali ularga gapirishiga yo‘l qo‘ymadilar. Ularning yuraklari toshday qattiq, quloqlari eshitishga yopiq edi.

Ular Xudoning yuzini hech qachon ko‘rmaganlar, chunki Xudo yuborgan Zotga ishonmaganlar. Ota Xudo bizning ko‘zimizga ko‘rinadigan yuz yoki shaklga ega emas. U Ruhdir va shu bois ko‘rinmasdir. Biroq Xudo O‘zini odamlarga Inson - Rabbimiz Iso Masih qiyofasida namoyon qildi. Masihga ishonganlar Xudoning yuzini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rdilar. Ishonmaganlar esa Unga o‘zlariga o‘xshagan oddiy odamga qaragandek qarashardi, xolos.

5:39 Bu oyatning birinchi qismini ikki xil tushunish mumkin. (Yunoncha "tadqiq qilmoq" fe’li shakli bir ma’noli emas. U buyruq maylida ("tadqiq qiling," KJV) yoki aniqlik maylida ("siz tadqiq qilyapsiz" NKJV) bo‘lishi mumkin. Mazmun NKJV tarjimasiga mos keladi.) Avvalo, Iso Masih yahudiylarga Muqaddas Yozuvlarni tadqiq qilishni buyurgan bo‘lishi mumkin. Yoki shunchaki ular Muqaddas Yozuvlarni o‘rganib, abadiy hayotga ega bo‘lish umidida ekanliklarini ta’kidlagan. Oyatning har qanday talqini bo‘lishi mumkin. Ehtimol Iso Masih, yahudiylar Muqaddas Yozuvlarni abadiy hayotga erishish niyatida o‘rganishganini shunchaki qayd etgandir. Ular Eski Ahd Masihning kelishi haqida xabar berib, aslida Iso haqida gapirayotganini tushunishmagan. Qo‘lida Muqaddas Yozuv bo‘lgan odamlar shunchalik ko‘r bo‘lishi mumkinligini o‘ylash dahshatli. Ammo Iso Masih bilan suhbatlashganlaridan keyin ham uni qabul qilishdan bosh tortganlari yanada kechirilmas edi. Ushbu oyatning oxirgi qismiga alohida e’tibor bering: "...va ular Men haqimda guvohlik berurlar." Bu shunchaki Eski Ahdning asosiy mavzusi Masihning kelishi ekanligini anglatadi.

Eski Ahdni o‘rganishda buni e’tibordan chetda qoldirib, inson uning eng muhim qismini yo‘qotadi.

5:40 Yahudiylar hayotga ega bo‘lish uchun Uning oldiga kelishni xohlamadilar. Odamlar Najotkorni qabul qilmasligining asl sababi ular Xushxabarni tushuna olmasliklari yoki Isoga ishonish mumkin emas deb hisoblashlarida emas. Rabbimiz Isoda Unga ishonishni imkonsiz qiladigan hech narsa yo‘q.

Asl sabab insonning o‘zida yashiringan. U o‘z gunohlarini Najotkordan ko‘ra ko‘proq sevadi. U o‘zining yovuz ishlari bilan xayrlashishni istamaydi.

5:41 Xudovand yahudiylarni Uni qabul qilishdan bosh tortganlari uchun tanqid qilar ekan, U O‘ziga sharaf va shon-shuhrat bermay, Uni xafa qilyapmiz, deb o‘ylashlarini xohlamadi. U dunyoga bu dunyo ahlidan shon-shuhrat olish uchun kelmagan. U ularning maqtoviga bog‘liq bo‘lmay, faqat Otasiga ma’qul kelishni istardi. Agar odamlar Uni inkor etsalar ham, bu Uning shon-shuhratiga putur yetkazmaydi.

5:42 Odamlar Xudoning O‘g‘lini qabul qilishdan bosh tortishining sababini kuzatish mumkin. Bu odamlarda Xudoga muhabbat yo‘q edi, ya’ni ular Xudodan ko‘ra o‘zlarini ko‘proq sevardilar. Agar ular Xudoni sevganlarida, albatta, U yuborgan Zotni ham qabul qilgan bo‘lardilar. Ular Iso Masihni rad etib, Otasini butunlay sevmasliklarini ko‘rsatishdi.

5:43 Rabbimiz Iso Otaning nomi bilan keldi, ya’ni U Otasining irodasini bajarish, Otasini ulug‘lash va har bir narsada Otasiga itoat etish uchun keldi. Agar odamlar Xudoni chindan ham sevganlarida, har bir so‘zi va ishida Xudoga ma’qul bo‘lishni istagan Zotni ham sevgan bo‘lardilar.

Shundan so‘ng, Iso boshqa bir kishining o‘z nomi bilan kelishini va yahudiylar uni qabul qilishlarini bashorat qildi. Ehtimol, U "boshqa" deganda O‘zidan keyin paydo bo‘lgan va xalq e’tirofiga erishishni istagan ko‘plab soxta ustozlarni nazarda tutgandir. Balki U asrlar o‘tib paydo bo‘lgan, o‘zlarini "masihlar" deb da’vo qiluvchi soxta din asoschilarini nazarda tutgandir. Ammo eng ehtimol, U bu yerda dajjol haqida gapirayotgan edi. Shunday kun keladiki, yahudiylar orasida soxta hukmdor paydo bo‘ladi va o‘ziga Xudodek sig‘inishlarini talab qiladi (2-Salonikaliklarga 2:8-10).

Yahudiylarning ko‘pchiligi bu dajjolni o‘z hukmdorlari sifatida qabul qilishadi va natijada Xudoning qattiq hukmiga duchor bo‘lishadi (1-Yuhanno 2:18).

5:44 Bu yerda Rabbimiz yahudiylarning Uni qabul qilishdan bosh tortishlarining yana bir sababini tushuntirdi. Ularni Xudoning roziligi emas, odamlarning ma’qullashi ko‘proq qiziqtirgan. Ular do‘stlari ularni yahudiylikdan chiqib ketdi deb aytishlaridan qo‘rqishardi. Agar Rabbimiz Isoga ergashsalar, o‘zlariga yog‘iladigan ta’na va azob-uqubatlardan qochishardi. Inson boshqalarning o‘zi haqidagi fikri yoki o‘ziga nisbatan munosabatidan qo‘rqqan ekan, u najot topolmaydi. Rabbimiz Isoga ishonish uchun odamlarning roziligidan ko‘ra Xudoning roziligini ko‘proq istash kerak. Inson yagona Xudodan keladigan ulug‘likni izlashi lozim.

5:45 Rabbimizning yahudiylarni Otasining oldida ayblashiga hojat yo‘q edi. Albatta, U ularga qarshi ko‘p ayblovlar keltirishi mumkin edi. Ammo bunga zarurat yo‘q edi, chunki ularni ayblash uchun Musoning Yozuvlari yetarli edi. Yahudiylar Eski Ahd va ayniqsa Musoning Besh kitobi, Tavrot bilan faxrlanishardi. Ular bu Muqaddas Yozuvlar Isroil xalqiga berilganidan mamnun edilar. Biroq muammo shunda ediki, ular 46-oyatda aytilganidek, Musoning so‘zlariga quloq solishmasdi.

5:46 Hazrati Iso Musoning so‘zlarini O‘z so‘zlari kabi ishonchli deb bilardi. Esda tutingki, "Muqaddas Yozuvlarning barchasi Xudo tomonidan ilhomlantirilib yozilgan". Eski Ahdni o‘qiymizmi, Yangi Ahdni o‘qiymizmi, Xudoning Kalomini o‘qiyapmiz. Agar yahudiylar Musoning so‘zlariga ishonganlarida edi, ular Iso Masihga ham ishongan bo‘lardilar, chunki Muso Masihning kelishi haqida yozgan edi. Bunga misol tariqasida Qonunlar kitobidagi (18:15, 18) so‘zlarni keltirish mumkin: "Xudoyingiz Egamiz sizlar uchun o‘z xalqingiz orasidan men kabi payg‘ambar chiqaradi. Unga quloq solinglar... Men ular uchun birodarlari orasidan senga o‘xshagan bir payg‘ambar chiqaraman. So‘zlarimni Uning og‘ziga solaman. U Mening amr qilgan hamma narsalarimni ularga aytadi."

Bu oyatlarda Muso Masihning kelishini bashorat qilib, yahudiylarga U kelganda Unga quloq solish va itoat etishni buyurgan. Rabbimiz Iso keldi, lekin yahudiylar Uni qabul qila olmadilar. Shuning uchun ham U, Muso ularni Otasi oldida ayblaydi, dedi. Chunki ular o‘zlarini Muso aytgan so‘zlarga ishonganday ko‘rsatib, uning amrlarini bajarmagandilar. "U Men haqimda yozgan" degan so‘zlar Rabbimizning Eski Ahd kitobida U haqida bashoratlar borligi to‘g‘risidagi aniq ta’kididir. Avgustin buni qisqacha shunday ifodalagan: "Yangi Ahd Eski Ahdda yashiringan; Eski Ahd Yangisida ochib berilgan".

5:47 Agar yahudiylar Musoning kitoblariga ishonmagan bo‘lsalar, Isoning so‘zlariga ishonishlari dargumon. Eski Ahd va Yangi Ahd o‘rtasida juda yaqin bog‘liqlik mavjud.

Agar biror kishi Eski Ahdning ilohiy ilhom bilan yozilganligiga shubha qilsa, u Rabbimiz Isoning so‘zlarini Xudoning vahiysi sifatida qabul qilishi dargumon. Agar odamlar Muqaddas Kitobning ba’zi qismlariga shubha bilan qarashsa, ko‘p o‘tmay, uning qolgan qismlarini ham shubha ostiga olishadi. King shunday yozadi:

"Rabbimiz, tabiiyki, Musoning Besh kitobini nazarda tutadi. Bu Muqaddas Kitobning eng ko‘p tanqidga uchragan qismi; va g‘aribki, Ustoz bu qismni, Muqaddas Yozuvlar bizga ma’lum bo‘lgancha, boshqalardan ko‘ra ko‘proq iqtibos keltirgan. Go‘yo hujumlar boshlanishidan oldin ularga O‘z roziligini bergandek." (Guy King, "O‘g‘limga", 104-bet.)

Muqaddas Kitob ONLINE

1 Bu hodisalardan keyin Iso yahudiylarning bayramini nishonlash uchun Quddusga bordi.
2 Quddusning Qo‘y darvozasi yonida bir hovuz bor edi. Bu hovuzning oromiycha nomi Baytzata bo‘lib, beshta ayvoni bor edi.
3 Bu ayvonlarda ko‘r, cho‘loq va shol bo‘lgan ko‘p nogironlar yotar edi.
4 Ular suvning qimirlashini intizor bo‘lib kutar edi. Chunki Egamizning bir farishtasi goh–goh hovuzga tushib, suvni harakatga keltirar edi. Suv qimirlashi bilan hovuzga birinchi bo‘lib kim tushsa, har qanday xastalikdan xalos bo‘lar edi.
5 Bu yerda o‘ttiz sakkiz yildan beri nogiron bo‘lib yotgan bir kishi bor edi.
6 Iso uning yotganini ko‘rdi, u uzoq vaqtdan beri xasta ekanligini Iso bilardi. Shuning uchun undan: — Sog‘ayishni istaysanmi? — deb so‘radi.
7 Nogiron odam Isoga shunday javob berdi: — Taqsir, suv qimirlaganda meni hovuzga tushiradigan odam yo‘q. Men borgunimcha, boshqasi mendan oldin tushib oladi.
8 Iso unga shunday dedi: — O‘rningdan tur! To‘shagingni olib, yur!
9 O‘sha odam shu zahoti sog‘ayib ketdi. To‘shagini olib, yura boshladi. Bu hodisa Shabbat kuni sodir bo‘ldi.
10 Shuning uchun yahudiylar sog‘ayib ketgan odamga deyishdi: — Bugun Shabbat kuni! Bugun to‘shakni ko‘tarib yurish qonunda man etilgan!
11 U odam esa shunday javob berdi: — Meni sog‘aytirgan Kishi menga: “To‘shagingni olib yur”, deb aytdi.
12 — “To‘shagingni olib yur”, deb aytgan Odam kim? — deb so‘radilar.
13 Shifo topgan odam esa Uning kimligini bilmas edi, u yerda xalq ko‘pligidan Iso O‘zini chetga olgan edi.
14 Keyinroq Iso u odamni Ma’badda uchratib qolib, unga dedi: — Mana, sen sog‘ayding. Endi gunoh qilma, tag‘in boshingga bundan battar kunlar kelmasin.
15 Bu odam borib, uni sog‘aytirgan Iso ekanligini yahudiylarga aytdi.
16 Ular esa, Isoni Shabbat kunida bunday ishlar qilib yurgani uchun quvg‘in qila boshladilar.
17 Ammo Iso ularga shunday dedi: — Mening Otam shu kungacha O‘z ishini qilib kelyapti, Men ham O‘z ishimni qilyapman, — dedi.
18 Ana shu so‘zi uchun yahudiylar Isoni o‘ldirishga yanada ko‘proq harakat qilishdi. Chunki U nafaqat Shabbat qoidalarini buzdi, balki Xudoni Otam deb, O‘zini Xudoga tenglashtirgan edi.
19 Iso yahudiylarga shunday dedi: “Sizlarga chinini aytay: O‘g‘il O‘zidan O‘zi hech narsa qila olmaydi. Faqat Otasidan ko‘rgan ishlarni qiladi. Ota nimalarni qilsa, O‘g‘il ham xuddi shularni qiladi.
20 Axir, Ota O‘g‘lini yaxshi ko‘radi, O‘zi qilgan hamma ishlarni O‘g‘liga ko‘rsatadi. U O‘g‘liga bundan ham buyukroq ishlarni ko‘rsatadi, shunda hammangiz hayron qolasizlar.
21 Ota o‘liklarni tiriltirib, ularga hayot baxshida etganday, O‘g‘il ham istagan odamiga hayot baxsh etadi.
22 Shuningdek, Ota hech kimni hukm qilmaydi, balki hukm qilish huquqini O‘g‘liga bergan,
23 toki hamma Otani hurmat qilganday, O‘g‘lini ham hurmat qilsinlar. Kim O‘g‘ilni hurmat qilmasa, Uni yuborgan Otani ham hurmat qilmagan bo‘ladi.
24 Sizlarga chinini aytay: Mening so‘zlarimni tinglagan va Meni Yuborganga ishongan kishi abadiy hayotga egadir. U hukm qilinmaydi. Zotan, u o‘limdan hayotga o‘tgan.
25 Sizlarga chinini aytay: O‘liklar Xudo O‘g‘lining ovozini eshitadigan vaqt keladi, kelib qoldi ham. O‘g‘ilning ovoziga quloq solganlar tiriladi.
26 Zero, Otaning O‘zi hayot manbayi bo‘lgani kabi, O‘g‘liga ham hayot manbayi bo‘lish qudratini ato qildi.
27 Bundan tashqari, Ota insonlarni hukm qilish hokimiyatini O‘g‘liga berdi, chunki U Inson O‘g‘lidir.
28 Bunga hayron qolmanglar! Qabrda yotgan marhumlarning hammasi Inson O‘g‘lining ovozini eshitadigan vaqt keladi.
29 Shunda o‘liklar qabrlaridan chiqadilar: yaxshilik qilganlar yashash uchun tiriladi, yomonlik qilganlar esa mahkum bo‘lish uchun tiriladi.”
30 “Men O‘zimdan O‘zim hech narsa qilolmayman. Otam Menga qanday aytsa, shunday hukm qilaman, shuning uchun hukmim to‘g‘ridir. Zotan, Men O‘z irodamni emas, balki Meni yuborgan Otamning irodasini bajo keltirishni istayman.
31 Agar Men O‘zim haqimda O‘zim guvohlik bersam, Mening guvohligim haqiqiy bo‘lmaydi.
32 Ammo Men haqimda guvohlik beruvchi boshqasi bor. Uning bergan guvohligi haqiqat ekanligini bilaman.
33 Sizlar Yahyoning oldiga odam yubordingizlar, u haqiqat to‘g‘risida guvohlik berdi.
34 Garchi Men insonning guvohligiga muhtoj bo‘lmasam–da, lekin bularni sizlar najot topishingiz uchun aytyapman.
35 Yahyo go‘yo yonib turib, nur sochgan bir chiroqday edi. Sizlar esa uning nurida birpas quvonmoqchi bo‘ldingizlar.
36 Biroq, Men Yahyodan ko‘ra kattaroq guvohlikka egaman. Guvohlik deb, Men tugatishim uchun Otam bergan ishlarini nazarda tutyapman. Bularning hammasi Meni Otam yuborganidan dalolat beradi.
37 Meni yuborgan Otamning O‘zi ham Men haqimda guvohlik berib turibdi. Sizlar esa hech qachon Uning ovozini eshitmagansiz, qiyofasini ham ko‘rmagansiz.
38 Uning kalomi ham ko‘nglingizdan joy olmadi, chunki sizlar U yuborgan Zotga ishonmayapsizlar.
39 Sizlar Muqaddas Bitiklarni tekshirasizlar, chunki ular orqali abadiy hayotga ega bo‘lamiz, deb o‘ylaysizlar. Ammo o‘sha Yozuvlar Men to‘g‘rimda guvohlik beradi–ku!
40 Sizlar esa hayotga ega bo‘lish uchun oldimga kelishni istamaysizlar.
41 Men insonlardan tahsin kutmayman.
42 Lekin sizlarni bilaman, qalbingizda Xudoning sevgisi yo‘q.
43 Men Otamning nomidan keldim, ammo sizlar Meni qabul qilmayapsizlar. Agar kimdir o‘z nomidan kelsa, uni qabul qilaverasizlar.
44 Sizlar bir–biringizdan tahsinlar olishni yaxshi ko‘rasizlar, lekin yagona Xudoning tahsiniga sazovor bo‘lishga harakat qilmaysizlar. Qanday qilib ham Menga ishona olardingiz?!
45 Men sizlarni Ota oldida ayblayman, deb o‘ylamanglar. Sizlar Musoga umid bog‘lagansiz. Musoning o‘zi sizlarni ayblaydi.
46 Agar Musoga ishonganingizda edi, Menga ham ishongan bo‘lar edingizlar. Axir, u Men haqimda yozgan edi.
47 Musoning yozuvlariga ishonmagan bo‘lsangiz, Mening so‘zlarimga qanday ishonasizlar?!”