Kitobook.com
AudiokitoblarSimfoniyaGuvohliklarVIDEOUzMusic
KITOBLARAudiokitoblarҲикоялар китобиUZMUSICKINOLAR & MultfimlarNAJOT XABARIXushxabar hikoyalariQaraqalpaqsha KitapUzLatin
MakDonaldning Injil kitobiga o'zbek tilidagi sharhlari

Luqo Muqaddas xushxabar: 12Bob

Azərbaycan dilində Müqəddəs Kitab

VIII. Quddusga yo‘lda ta’lim berish va shifolash (12-16-boblar)

A. Ogohlantirish va ma’qullash (12:1−12)

12:1 Iso farziylar va qonunshunoslarni tanqid qilayotganida, minglab odamlar to‘plandi. Odatda janjal yoki bahslar ko‘pchilikni jalb qilsa-da, bu olomon, shubhasiz, Isoning bu ikkiyuzlamachi diniy rahbarlarni dadillik bilan fosh qilishi tufayli yig‘ilgan edi. Gunohga murosasiz munosabat har doim ham ommalashgan bo‘lmasa-da, u baribir o‘zining haqiqati bilan inson qalbiga ta’sir etadi. Haqiqat doimo o‘zini isbotlaydi. Avval shogirdlariga murojaat qilib, Iso dedi: "Farziylarning xamirturushidan ehtiyot bo‘linglar". U xamirturush ikkiyuzlamachilik ramzi yoki timsoli ekanligini tushuntirdi. Munofiq - niqob kiygan, tashqi ko‘rinishi ichki dunyosidan keskin farq qiladigan kishidir. Farziylar o‘zlarini mukammal fazilat namunasi sifatida ko‘rsatishgan, ammo aslida ular niqob kiyish ustalari edilar.

12:2−3 Biroq fosh bo‘ladigan kun keladi. Ular yashirgan hamma narsa oshkor bo‘ladi va qorong‘ulikda qilgan ishlari yorug‘likka chiqariladi.

Ikkiyuzlamachilik fosh etilishi muqarrar bo‘lgani kabi, haqiqatning g‘alabasi ham shunday bo‘ladi. Shu paytgacha shogirdlar e’lon qilgan so‘z unchalik aniq bo‘lmagan va cheklangan tinglovchilar uchun aytilgan edi. Ammo Isroilning Masihni rad etishi va Muqaddas Ruhning kelishi bilan shogirdlar Rabbimiz Iso nomidan dadillik bilan olg‘a boradilar va hamma joyda Xushxabarni e’lon qiladilar. Shundan so‘ng, majoziy ma’noda, Kalom uylarning tomlarida e’lon qilinadi.

Gode shunday ta’kidlaydi: "Hozir ovozi faqat tor va yashirin doiralardagina tinglanadigan kishilar butun dunyoga ta’lim beradilar". (Gode, Luqo, II:89.)

12:4−5 "Sizlarga aytaman, do‘stlarim," degan daldali va samimiy so‘zlari bilan Iso shogirdlarini har qanday sinovlarda ham bu bebaho do‘stlikdan uyalmasliklari kerakligini ogohlantirib o‘tdi.

Butun dunyo bo‘ylab Masih haqidagi xabarni e’lon qilish ta’qiblarga va sodiq shogirdlarning o‘limiga olib keladi. Biroq farziylar kabi odamlarning ularga qila oladigan ishlarining chegarasi bor. Bu chegara jismoniy o‘limdir. Undan qo‘rqish shart emas. Xudo ularning zolimlariga bundan-da dahshatliroq jazoni, ya’ni do‘zaxda abadiy o‘limga mahkum etishni ko‘rsatadi. Demak, shogirdlar insondan emas, Xudodan qo‘rqishlari lozim.

12:6−7 Xudoning shogirdlarini himoya qilishdan manfaatdorligini ta’kidlash uchun, Hazrati Iso Otasining kichik qushlarga g‘amxo‘rligini eslatib o‘tdi. Matto 10:29 da ikkita chumchuq bir tangaga sotilishi haqida o‘qiymiz. Bu yerda esa beshta kichik qush ikki assariyga sotilishini bilib olamiz. Boshqacha aytganda, to‘rtta xarid qilinganda, bitta kichik qush qo‘shib beriladi. Ammo savdo qiymatiga ega bo‘lmagan bu qo‘shimcha chumchuq ham Xudo nazdida unutilmagan. Agar Xudo bu kichkina chumchuqqa g‘amxo‘rlik qilayotgan bo‘lsa, O‘z O‘g‘lining Xushxabari bilan oldinga borayotganlarni qanchalik ko‘proq asraydi! Ularning boshidagi sochlarining soni ham ma’lum.

12:8 Najotkor shogirdlariga aytdiki, kim odamlar oldida Uni tan olsa, Xudo farishtalari oldida ham tan olinadi. Bu yerda U barcha haqiqiy imonlilar haqida gapirmoqda. Uni tan olish - Uni yagona Rab va Qutqaruvchi sifatida qabul qilish demakdir.

12:9 Kim odamlar oldida Uni rad etsa, Xudo farishtalari oldida rad etiladi. Bu oyatda Iso, birinchi navbatda, farziylarga ishora qilayotganga o‘xshaydi, ammo bu oyat Masihdan yuz o‘girgan va Uni tan olishdan uyalganlarning barchasini o‘z ichiga oladi. O‘sha kunda U ularga: "Men sizlarni tanimayman," deydi.

12:10 Keyin Najotkor shogirdlariga O‘zini tanqid qilish va Muqaddas Ruhni haqorat qilish o‘rtasidagi farqni tushuntirdi. Inson O‘g‘liga qarshi gapirganlar tavba qilib, imon keltirsalar, kechiriladilar. Ammo Muqaddas Ruhga tuhmat qilish kechirilmas gunohdir. Bu farziylar aybdor bo‘lgan gunohdir (Matto 12:22-32 ga qarang). Bu qanday gunoh? Bu gunoh Hazrati Isoning mo‘jizalarini iblisga nisbat berishdan iboratdir. Bu Muqaddas Ruhga tuhmatdir, chunki Iso barcha mo‘jizalarini Muqaddas Ruh kuchi bilan amalga oshirgan. Binobarin, ular Xudoning Muqaddas Ruhi shayton, deb ta’kidlashgan. Bu gunoh bu dunyoda ham, kelajak dunyoda ham kechirilmaydi. Haqiqiy imonli bunday gunohni sodir eta olmaydi, garchi ba’zilar qoqilganda uni qilganman, deb qo‘rquvga tushsalar ham. Imondan qaytish kechirilmas gunoh emas. Yo‘ldan adashgan kishi Xudo bilan munosabatlarini tiklashi mumkin. Insonning tashvishlanishining o‘zi uning kechirilmas gunoh qilmaganini ko‘rsatadi.

Shuningdek, imonsizlarning Masihni rad etishi ham kechirilmas gunoh emas. Inson bir necha bor Xaloskorga ozor yetkazishi mumkin, ammo keyinchalik Parvardigorga qaytib, Unga yuz tutishi mumkin. Albatta, agar u kufr holida o‘lsa, najot topolmaydi. Shunda uning gunohi haqiqatan ham kechirilmas bo‘ladi. Ammo Rabbimiz kechirilmas gunoh deb atagan narsa farziylar tomonidan sodir etilgan bo‘lib, ular Uning mo‘jizalarini shaytonlarning hukmdori Veelzevulning kuchi bilan yaratgan, deb aytishgan.

12:11−12 Shogirdlar hokimiyat va hukmronlar oldida so‘roqqa tutilishi muqarrar. Ammo Iso alayhissalom ularga nima deb javob berishni oldindan tayyorlab qo‘yish shart emasligini aytgan. Muqaddas Ruh kerak paytda ularning og‘ziga tegishli so‘zlarni soladi. Bu Xudoning xizmatchilari Xushxabarni va’z qilishdan yoki Xudoning Kalomini o‘rgatishdan oldin ibodat va o‘rganish bilan shug‘ullanmasligi kerak, degani emas. Bu va’dani dangasalikka bahona qilib bo‘lmaydi! Biroq, bu yerda Rabbimiz Masih haqida guvohlik bergani uchun so‘roqqa tortilganlarga Muqaddas Ruhdan alohida madad berilishini va’da qilmoqda. Bu Xudoning barcha bandalariga berilgan umumiy va’dadir: agar ular Ruhga bo‘ysunib yursalar, hayotning qiyin damlarida nima deyishni bilishadi.

B. Ochko‘zlikdan ogohlantirish (12:13−21)

12:13 Shu payt xalq orasidan bir kishi chiqib, Rabbidan o‘zi va akasi o‘rtasidagi meros nizosini hal qilishini so‘radi.

Ko‘pincha, "Vasiyatnoma bor joyda qarindoshlar ko‘payadi", deyishadi. Bu aynan shunday holat bo‘lsa kerak. Bu odam o‘ziga tegishli haqdan mahrum bo‘lganmi yoki ochko‘zligi tufayli o‘ziga tegishli bo‘lganidan ko‘proq narsani xohlaganmi, bizga aytilmagan.

12:14 Najotkor darhol unga O‘zi bu dunyoga bunday maishiy masalalarni hal qilish uchun kelmaganini eslatdi. Uning kelishdan maqsadi gunohkor erkak va ayollarni qutqarish edi. U buyuk va ulug‘vor vazifasidan chalg‘ib, arzimas merosni bo‘lishmoqchi emasdi. (Bundan tashqari, Uning mol-mulk masalasida hukm chiqarishga qonuniy huquqi yo‘q edi. Uning qarorlari majburiy kuchga ega bo‘lmasdi.)

12:15 Ammo Xudovand bu vaziyatdan foydalanib, tinglovchilarini inson qalbidagi eng makkor yovuzliklardan biri - ochko‘zlikdan ogohlantirib qo‘ydi. Moddiy boylik to‘plashga bo‘lgan to‘ymas istak hayotdagi eng kuchli harakatlantiruvchi omillardan biridir.

Shunday bo‘lsa-da, boylik to‘plash inson hayotining asl maqsadiga mutlaqo mos kelmaydi. "Chunki insonning hayoti uning mol-mulkining mo‘l-ko‘lligiga bog‘liq emas."

J.R. Miller shunday ta’kidlaydi:

"Bu Rabbimiz o‘rnatgan ogohlantiruvchi belgilardan biri bo‘lib, zamonamizning ko‘pchilik odamlari buni unchalik sezishmaydi. Iso boylikning xatarlari haqida ko‘p gapirgan, ammo ko‘pchilik boylikdan qo‘rqmaydi. Hozirgi kunda ochko‘zlik deyarli gunoh hisoblanmaydi. Agar kishi oltinchi yoki sakkizinchi amrni buzsa, uni jinoyatchi deb ayblashadi va sharmanda qilishadi; ammo u o‘ninchi amrni buzsa, bu shunchaki tadbirkorlik hisoblanadi. Muqaddas Kitobda aytilishicha, pulga muhabbat barcha yomonliklarning ildizi hisoblanadi; ammo bu so‘zlarni keltirgan har bir kishi "muhabbat" so‘ziga qattiq urg‘u berib, pul emas, balki faqat unga bo‘lgan muhabbat bunday ildizni keltirib chiqarishini tushuntiradi. Atrofga nazar tashlab, inson hayotning ma’nosi baribir mol-mulkning mo‘l-ko‘lligida, degan xulosaga kelishi mumkin. Odamlar o‘z ulug‘vorliklarini to‘plagan boyliklariga mutanosib deb o‘ylashadi. Bu haqiqatga o‘xshaydi, chunki dunyo odamlarni ularning bank hisobidagi raqamlar bilan o‘lchaydi. Biroq bundan-da xatarliroq yanglishish bo‘lmagan. Aslida inson o‘zida nimasi borligi bilan emas, o‘zi qanday shaxs ekanligi bilan o‘lchanadi." (J. R. Miller, Come Ye Apart, 10-iyun uchun o‘qish.)

12:16−18 Boy ahmoq haqidagi masal mol-mulk hayotdagi eng muhim narsa emasligini ko‘rsatadi. Boyvachchaning hosili juda mo‘l bo‘libdi. Shu bilan birga, u jiddiy muammoga duch kelib, tashvishga tushdi. U yig‘ilgan g‘allani qayerga joylashtirishni bilmasdi. Uning barcha omborlari to‘lib-toshgan edi. Lekin keyin yechimni topdi. Muammo hal bo‘ldi. U omborlarini buzib tashlaydi-da, yanada kattaroqlarini quradi.

Agar u atrofidagi muhtoj dunyoga e’tibor qaratib, bu boyliklarni odamlarning ma’naviy va jismoniy ochligini qondirish uchun sarflaganida edi, bu ulkan inshootlarni qurish xarajatlari va tashvishlaridan qutulgan bo‘lardi. "Kambag‘allarning yalang‘ochligi, bevalarning uylari, bolalarning og‘izlari - bular doimo mavjud bo‘ladigan omborlardir," - degan edi Amvrosi Medialanskiy.

12:19 Yangi omborlar qurilishi tugagach, u nafaqaga chiqishni rejalashtirgan edi. Unga xos bo‘lgan mustaqillik ruhiga e’tibor bering: mening omborlarim, mening hosilim, mening boyligim, mening jonim. U o‘zining butun kelajagini rejalashtirdi. U bemalol hayot kechirmoqchi edi: hordiq chiqar, ye, ich, kayf-safo qil.

12:20−21 "Biroq u vaqt haqida shunday o‘ylashni boshlaganida, o‘zining abadiy halokatiga Xudo bilan yuzma-yuz keldi."

Xudo unga o‘sha kechasi o‘lishini aytdi. Demak, u barcha moddiy boyliklariga bo‘lgan huquqini yo‘qotadi. Ular boshqa birovga tegadi. Kimdir aytganidek, rejasi qabr ustida tugaydigan odam ahmoqdir. Bu odam haqiqatan ham ahmoq edi. "Sen tayyorlab qo‘ygan narsalar kimga qoladi?" - deb so‘radi Xudo. Biz ham o‘zimizga shunday savol berishimiz mumkin: "Agar Masih hozir kelsa, mening barcha boyligim kimga qoladi?" Uni ertaga shaytonning qo‘liga berib qo‘ygandan ko‘ra, bugun Xudo yo‘lida ishlatish afzalroq! Xayr-ehsonimiz bilan hozirda osmondagi xazinalarni to‘plashimiz va shu tariqa Xudoda boyishimiz mumkin. Yoki uni o‘z nafsimizga sarflab, tanadan chirishni o‘rishimiz mumkin.

V. Tashvish va imon (12:22−34)

12:22−23 Masihiy hayotidagi eng katta xavflardan biri shundaki, oziq-ovqat va kiyim-kechak topish hayotimizning birinchi va asosiy maqsadiga aylanadi. Biz bularning barchasi uchun pul topish bilan shunchalik band bo‘lamizki, Rabbimizning ishi ikkinchi o‘ringa surilib qoladi. Yangi Ahdda Masihning ishi hayotimizda birinchi o‘rinda turishi kerakligi ta’kidlanadi. Ovqat va kiyim ikkinchi o‘rinda bo‘lishi lozim. Biz kundalik ehtiyojlarimizni qondirish uchun tinimsiz mehnat qilishimiz, so‘ngra kelajagimizni Xudoga ishonib topshirib, o‘zimizni Unga xizmat qilishga bag‘ishlashimiz kerak. Imon bilan yashash shudir.

Rabbimiz Iso ovqat va kiyim-kechak haqida qayg‘urmaslik kerakligini aytganida, qo‘l qovushtirib o‘tirib, bularning hammasi bizga yetkazilishini kutishimiz kerakligini nazarda tutmagan. Masihiylik dangasalikka chaqirmaydi!

Biroq U, hayotiy ehtiyojlar uchun pul topayotganimizda, pulning biz uchun haddan ziyod ahamiyat kasb etishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerakligini nazarda tutgan. Axir, hayotda biz yeydigan yoki kiyadigan narsalardan ham muhimroq narsalar bor. Bu yerda biz Shohning elchilari bo‘lib, shaxsiy qulaylik va tashqi ko‘rinishning barcha mulohazalari bitta sharafli vazifaga bo‘ysunishi kerak: U haqda xabar berish.

12:24 Iso qarg‘alarni Xudoning O‘z yaratganlariga g‘amxo‘rligi misoli sifatida keltirgan. Ular hayotlarini oziq-ovqat va kelajakdagi ehtiyojlarini qondirish uchun shiddatli quvish bilan o‘tkazmaydilar.

Ular har lahza Xudoga tayanib yashaydilar. Ularning ekmasligi va o‘rmasligi insonlar dunyoviy ishlardan tiyilishlari kerak degan ta’limotga aylantirilmasligi lozim. Uning asl ma’nosi quyidagicha: Xudo O‘zi yaratganlarning ehtiyojlarini biladi va agar biz Unga bog‘liq holda yursak, ularni qondiradi. Agar Xudo qarg‘alarga rizq bersa, O‘z inoyati bilan qutqargan va O‘ziga xizmatga chaqirgan kimsalarni qanchalar ko‘p rizqlantiradi. Qarg‘alarning na omborlari, na g‘alla xonalari bor, ammo Xudo ularni har kuni ta’minlaydi. Nega endi umrimizni katta-katta omborxonalar qurib o‘tkazishimiz kerak?

12:25−26 "Qaysingiz tashvishlanib, umringizga bir soat qo‘sha olasiz?" - deb so‘radi Iso. Bu bizga bog‘liq bo‘lmagan narsalar (masalan, kelajak) haqida qayg‘urish befoydaligini ko‘rsatadi. Hech kim tashvishlanib, bo‘yiga bo‘y qo‘sholmaydi yoki umrini uzaytirolmaydi. ("Bo‘yiga qo‘shish" iborasini "umrining davomiyligini oshirish" deb ham tushunish mumkin.) Shunday ekan, nega kelajak haqida qayg‘urishimiz kerak? Buning o‘rniga butun kuch-g‘ayratimiz va vaqtimizni Masihga xizmat qilishga sarflaylik, kelajakni esa Uning ixtiyoriga topshiraylik.

12:27−28 So‘ng nilufar gullar haqida so‘z boradi. Bu misol insonning eng go‘zal qobiliyatlarini kiyim-kechak sotib olishga sarflashning befoydaligini ko‘rsatadi. Nilufar gullar, ehtimol, yovvoyi qizil anemonlardir. Ular mehnat qilmaydilar, ip yigirmaydilar, biroq Sulaymonning butun shon-shuhrati bilan bellashadigan tabiiy go‘zallikka ega. Agar Xudo bugun ochilgan, ertaga o‘tga tashlanadigan gullarga shunday chiroy baxsh etsa, O‘z farzandlarining ehtiyojlarini nazardan chetda qoldirarmidi? Biz o‘zimizni imoni sustkashlardek tutamiz, tashvishlanamiz, xavotirlanamiz va tobora ko‘proq moddiy boylikka ega bo‘lish uchun cheksiz kurashda shoshilamiz. Agar vaqtimiz va iste’dodimizni Xudoga yanada ko‘proq bag‘ishlasak, U bizga berishi mumkin bo‘lgan narsalarga umrimizni sarflayapmiz.

12:29−31 Aslida kundalik ehtiyojlarimiz uncha ko‘p emas. Hayratlanarlisi shundaki, biz juda oddiy yashashimiz mumkin. Shunday ekan, nima uchun ovqat va kiyim-kechakka hayotimizda bunday muhim o‘rin berishimiz kerak? Kelajak haqida qayg‘urishning nima keragi bor? Najot topmagan odamlar shunday yashaydilar. Xudoni o‘z Otasi deb bilmaydigan bu dunyo odamlarining e’tibori oziq-ovqat, kiyim-kechak va huzur-halovatga qaratilgan. Bularning barchasi ularning hayot doirasining markazini tashkil etadi. Ammo Xudo hech qachon O‘z farzandlarining vaqtini qulayliklar ketidan quvish bilan o‘tkazishni rejalashtirgani yo‘q. Uning yer yuzida bajarilishi kerak bo‘lgan ishlari bor va U O‘ziga chin dildan sodiq bo‘lganlarga g‘amxo‘rlik qilishni va’da bergan. Agar biz Uning Shohligini izlasak, U hech qachon bizni och yoki yalang‘och qoldirmaydi. Umrimizning oxiriga kelib, vaqtimizning katta qismi jannatga qaytish chiptasiga kirgani uchun qullarcha mehnatga sarflanganini bilish qanchalik achinarli bo‘ladi!

12:32 Shogirdlar beg‘araz bo‘lmagan dunyoga yuborilgan himoyasiz qo‘ylarning kichik podasini tashkil etardi. Ularda haqiqatan ham hech qanday ko‘zga ko‘rinadigan ta’minot yoki himoya vositalari yo‘q edi. Biroq, yoshlarning bu nochor guruhiga Masih bilan birga Shohlikni meros qilib olish taqdiri bitilgan edi. Kelajakda ular U bilan birga yer yuzida hukmronlik qilishadi. Shu bois Rabbimiz ularni qo‘rqmaslikka undaydi, chunki agar Ota ularga shunday ulug‘ sharafni tayyorlab qo‘ygan bo‘lsa, oraliq yo‘l haqida tashvishlanishning hojati yo‘q.

12:33−34 Moddiy boylik to‘plash va vaqtni rejalashtirish o‘rniga, ular bu mulkni Rabbimiz ishiga sarflashlari mumkin. Shunday qilib, ularning hissasi samoviy va abadiy bo‘ladi. Vaqtning yemiruvchi ta’siri ularning mol-mulkiga zarar yetkazmaydi. Samoviy xazinalar o‘g‘irlik va chirishdan to‘liq himoyalangan.

Muammo shundaki, inson moddiy boylikka ega bo‘lib turib, unga tayanmasdan qola olmaydi.

Shuning uchun ham Hazrati Iso Masih: "Xazinangiz qayerda bo‘lsa, yuragingiz ham o‘sha yerda bo‘ladi", deb aytgan. Agar biz mablag‘larimizni kelajakka yo‘naltirsak, u holda bizning e’tiborimiz bu dunyodagi barcha o‘tkinchi narsalardan uzoqlashadi.

G. Hushyor xizmatkor haqidagi masal (12:35−40)

12:35 Shogirdlar nafaqat o‘z ehtiyojlari bilan bog‘liq barcha narsalarda Xudoga ishonishlari, balki Uning ikkinchi kelishini doimiy ravishda kutishlari lozim. Ularning bellari bog‘langan va chiroqlari yoniq bo‘lishi kerak. Sharq mamlakatlarida odamlar tez yurish yoki yugurish kerak bo‘lganda uzun, osilib turgan kiyimlarini bog‘lash uchun belbog‘ taqganlar. Belni bog‘lash vazifani bajarish kerakligini anglatsa, yonib turgan chiroq esa guvohlik berishni bildiradi.

12:36 Shogirdlar Rabbimizning qaytishini xuddi to‘ydan qaytayotgan kishini kutgandek har lahzada kutishlari kerak. Kelli shunday izohlaydi:

"Ular dunyoviy yuklar bilan band bo‘lmasliklari kerak, toki Xudovand eshikni taqillatganda, xuddi ushbu misoldagidek, ular darhol Unga eshikni ochishlari mumkin bo‘lsin - to‘siqsiz va tayyorgarliksiz. Ularning qalblari Uni, o‘z Rabbini kutmoqda; ular Uni sevadilar va Uni kutib olishga shay turadilar. U taqillatadi va ular darhol Unga eshikni ochadilar". (Kelly, Luke, p. 214.)

To‘ydan qaytgan kishi haqidagi hikoya tafsilotlarini ta’kidlab, ulardan kelajak bashoratini chiqarish noto‘g‘ri. Bu yerda tilga olingan to‘yni Qo‘zining nikoh ziyofati bilan yoki kishining qaytishini Cherkovning ko‘tarilishi bilan tenglashtirishimiz kerak emas. Rabbimizning hikoyasi bitta oddiy haqiqatni, ya’ni Uning qaytishini hushyorlik bilan kutishni o‘rgatishga mo‘ljallangan. Bu Uning kelishi bilan sodir bo‘ladigan voqealar tartibini belgilash uchun aytilmagan.

12:37 Xo‘jayin to‘ydan qaytganida, qullar uxlamaydilar, balki uning buyrug‘i bilan ishga kirishishga tayyor holda, uni kutadilar. U ularning sergakligidan shu qadar mamnun bo‘ladiki, ularga shaxsan xizmat qilishga tayyor turadi. U etagini qistirib, ularni dasturxonga o‘tqazadi va ularga taom tortadi. Bu bir zamonlar bu dunyoga qul sifatida kelgan va O‘z xalqiga samoviy maskanda yana xizmat qilish uchun marhamat ko‘rsatadigan Zot haqidagi juda ta’sirli eslatmadir. Xudojo‘y nemis olimi Bengel 37-oyatni Xudoning Kalomidagi eng ulug‘ va’da deb hisoblaydi.

12:38 Tunning ikkinchi soqchiligi kechqurun soat to‘qqizdan yarim tungacha davom etardi. Uchinchi soqchilik - yarim tundan ertalab soat uchgacha. Xo‘jayin qaysi paytda qaytishidan qat’i nazar, uning qullari sergak turishardi.

12:39−40 Rabbimiz tasvirni o‘zgartirib, uyiga kutilmaganda o‘g‘ri kirgan uy egasini misol qilib keltiradi.

O‘g‘rining kelishi mutlaqo kutilmagan edi. Agar uy egasi bilganida edi, uyini kavlashga yo‘l qo‘ymasdi. Bundan xulosa shuki, Masihning kelish vaqti noma’lum: Uning qachon kelishini hech kim bilmaydi. U kelganda esa, yer yuzida xazina to‘plagan mo‘minlar uni yo‘qotadilar. Shuning uchun bir kishi: "Masihiy yo molini tashlab ketadi, yo uning ortidan boradi", degan.

Agar Masihning qaytishini kutib, hushyor tursak, bor-yo‘g‘imizni sotib, xazinamizni hech qanday o‘g‘ri topolmaydigan samoga joylaymiz.

D. Sodiq va bevafo qullar (12:41−48)

12:41−42 Shu payt Butrus Masihning sergak kutish haqidagi masali kimga qaratilganini so‘radi: faqat shogirdlargami yoki barcha odamlargami. Shunda Rabbimiz o‘zini Xudoning uy boshqaruvchisi deb tan olganlarning barchasi uchun ekanligini aytdi. Sodiq va dono uy boshqaruvchisi - xo‘jayinning uyiga rahbar etib qo‘yilgan va uning odamlariga ovqat ulashadigan kishidir. Uy boshqaruvchisining asosiy mas’uliyati bu yerda moddiy narsalarga emas, balki odamlarga taalluqlidir. Bu, Iso shogirdlarini buyumparastlik va ochko‘zlikdan ogohlantirgan barcha kontekstga mos keladi. Buyumlar emas, odamlar muhimdir.

12:43−44 Qachonki Rabbimiz kelib, quli erkaklar va ayollarning ruhiy farovonligiga chinakam qiziqish ko‘rsatayotganini ko‘rsa, uni saxiylik bilan taqdirlaydi. Mukofot, ehtimol, Ming yillik Shohlik davrida Masih bilan birgalikda hukmronlik qilish bilan bog‘liqdir (1 Butrus 5:1−4).

12:45 Bu yerda qul Masih uchun ishlayman deydi, lekin aslida u imonsizdir. Xudoning xalqini boqish o‘rniga, u xalqni kaltaklaydi, talon-taroj qiladi va o‘z nafsini qondirish uchun yashaydi. (Bu yerda farziylar nazarda tutilgan bo‘lishi mumkin.)

12:46 Rabbimizning kelishi uning soxtaligini fosh qiladi va u boshqa imonsizlar bilan birga jazolanadi. "Uni ikkiga bo‘ladi" iborasini "uni qattiq jazolaydi" deb ham tarjima qilish mumkin.

12:47−48 Bu oyatlarda butun xizmatning asosiy tamoyili ilgari suriladi. U shundan iboratki, imtiyoz qanchalik katta bo‘lsa, mas’uliyat ham shunchalik katta bo‘ladi. Imonlilar uchun bu jannatda mukofot darajalari bo‘lishini anglatadi. Imonsizlar uchun esa do‘zaxda azob darajalari borligini bildiradi. Muqaddas Yozuvlarda bayon etilgan Xudoning irodasini bilib olganlar, unga itoat etish uchun ulkan mas’uliyatga egadirlar. Ularga ko‘p narsa berilgan, ko‘p narsa talab qilinadi. Bunday yuksak imtiyozdan mahrum bo‘lganlar ham beparvoligi uchun jazolanadi, ammo ularning jazosi unchalik qattiq bo‘lmaydi.

E. Masihning birinchi kelishi (12:49−53)

12:49 Hazrati Iso yer yuziga kelishi dastlab tinchlik keltirmasligini bilardi. Avval bo‘linishlar, nizolar, ta’qiblar, qon to‘kishlar bo‘ladi. U bevosita bu turdagi olovni yerga tushirish uchun kelmagan, ammo Uning kelishining natijasi yoki ta’siri shunday bo‘lgan. Garchi Uning yer yuzidagi xizmati davomida azob-uqubatlar va kelishmovchiliklar yuz bergan bo‘lsa-da, faqat xochdan keyingina insonning qalbi to‘liq fosh bo‘ldi. Rabbimiz bularning hammasi sodir bo‘lishini bilar va O‘ziga qarshi ta’qib o‘ti tezroq alanga olishini istardi.

12:50 U cho‘mdirilishi kerak edi. Bu yerda uning Golgofadagi o‘limiga cho‘mdirilishi nazarda tutilgan. U halok bo‘layotgan insoniyatni qutqarishi kerak bo‘lgan xochni kutib, dahshatli iztirobni boshdan kechirdi. Sharmandalik, azob-uqubat va o‘lim - Otasining irodasi edi, U bunga itoat etishga intildi.

12:51−53 U bu safar yerga tinchlik berish uchun kelmaganini juda yaxshi bilardi. Shuning uchun U shogirdlarini O‘ziga kelgan odamlarning oilalari ta’qib qilinishi va haydab chiqarilishi haqida ogohlantirdi. Besh kishidan iborat odatiy oilaga xristianlikni kiritish oilaning bo‘linishiga olib keladi. Qizig‘i shundaki, inson tabiatining buzuqligi belgisi sifatida shuni ta’kidlash kerakki, fosiq qarindoshlar o‘g‘lining Rabbimiz Iso Masihning izdoshi bo‘lishidan ko‘ra ko‘proq ichkilikboz yoki axloqsiz bo‘lishini xohlashadi! Ushbu parcha Iso butun insoniyatni (solih va fosiqlarni) yagona "odamlarning umumiy birodarligi"ga birlashtirish uchun kelgan degan nazariyani rad etadi. Aksincha, U ularni hech qachon bo‘linmagan darajada ajratib yubordi!

J. Zamonlar alomati (12:54−59)

12:54−55 Avvalgi oyatlar shogirdlarga qaratilgan edi. Bu yerda Najotkor xalqqa murojaat qiladi. U odamlarga ob-havoni oldindan aytish qobiliyatlarini eslatadi. Agar bulut g‘arbdan (O‘rta yer dengizidan) ko‘tarilsa, yomg‘ir yog‘ishini bilishardi. Aksincha, janub shamoli issiq va qurg‘oqchilik keltiradi. Bularning hammasini bilish uchun odamlarda fahm-farosat yetarli edi. Biroq, bu yerda aqldan ko‘ra ko‘proq narsa kerak. Bilish istagi kerak.

12:56 Ruhiy masalalarda hammasi boshqacha. Ular sog‘lom insoniy aqlga ega bo‘lsalar-da, insoniyat tarixida qanday muhim davr boshlanganini tushunmadilar. Xudoning O‘g‘li bu yerga kelib, shu paytda ular orasida turardi. Hech qachon osmon bu qadar yaqin kelmagan edi. Ammo ular ziyorat vaqtini anglamadilar. Ular bilish qobiliyatiga ega edilar, ammo bilishni istamasdilar va shuning uchun o‘zlarini o‘zlari aldadilar.

12:57−59 Agar ular o‘zlari yashayotgan davrning ahamiyatini tushunganlarida, raqiblari bilan yarashishga shoshilgan bo‘lardi. Bu yerda to‘rtta huquqiy atama ishlatilgan — raqib, boshliq, hakam va azoblovchi — bularning barchasi Xudoga ishora qilishi mumkin. Aynan shu paytda Xudo ularning orasida yurib, ularga iltijo qilib, najot topish imkoniyatini berardi.

Ular tavba qilishlari va Unga umid bog‘lashlari kerak edi. Agar ular buni rad etishsa, Xudo oldida o‘z Hakamlari sifatida turishlari kerak bo‘lardi. Albatta, ish ularga qarshi olib borilar edi. Ular aybdor deb topilib, ishonchsizlikda ayblanishardi. Ular zindonga, ya’ni abadiy mahkumlikka tashlanishardi. Ular oxirgi chaqasini ham to‘lamaguncha chiqolmasdilar, ya’ni ular hech qachon chiqolmasdilar, chunki bunday dahshatli qarzni hech qachon to‘lay olmasdilar.

Shunday qilib, Iso ular qaysi davrda yashayotganlarini anglashlari kerakligini aytgan edi. So‘ngra ular gunohlaridan tavba qilib, o‘zlarini Xudoga bag‘ishlab, Unga to‘liq itoat etish orqali U bilan to‘g‘ri munosabat o‘rnatishlari kerak edi.

Muqaddas Kitob ONLINE

1 Shu orada minglab odamlar to‘planib, bir– birlarini itarib siqishayotgan edilar. Iso avval shogirdlariga gapira boshladi: “Farziylarning xamirturushidan, ya’ni ularning ikkiyuzlamachiligidan ehtiyot bo‘linglar!
2 Axir, har qanday yashirin narsa ma’lum bo‘ladi, har qanday sir ochiladi.
3 Shu bois qorong‘ida aytganlaringiz yorug‘likda eshitiladi, yopiq eshiklar ortida shivirlab aytganlaringizni uylarning tomi ustida baqirib e’lon qilishadi.”
4 “Sizlarga shuni aytay, do‘stlarim, tanani o‘ldirib, undan keyin boshqa biron narsa qila olmaydiganlardan qo‘rqmanglar.
5 Biroq kimdan qo‘rqishingiz kerakligini sizlarga uqtiray: Xudodan qo‘rqinglar, chunki U odamni o‘ldirib, do‘zaxga tashlashga ham qodir. Ha, sizlarga aytaman, Xudodan qo‘rqinglar!
6 Beshta chumchuq ikki tangaga sotiladi, shunday emasmi? Biroq bularning birontasi ham Xudoning nazaridan chetda qolmagan.
7 Sizlarning esa hatto boshingizdagi har bir tola sochingiz sanalgan. Qo‘rqmanglar, sizlar ko‘plab chumchuqlardan qadrliroqsizlar.
8 Sizlarga yana shuni aytay: kim Meni insonlar oldida tan olsa, Inson O‘g‘li ham Xudoning farishtalari oldida uni tan oladi.
9 Ammo kim insonlar oldida Meni rad etsa, u ham Xudoning farishtalari oldida rad etiladi.
10 Kimki Inson O‘g‘liga qarshi so‘z aytsa, kechiriladi. Lekin kim Muqaddas Ruhga kufrlik qilsa, kechirilmaydi.
11 Sizlarni sinagogalarga, boshliqlar va hokimlar oldiga olib kelganlarida: “O‘zimizni qanday himoya qilamiz, nima aytamiz”, deb xavotir olmanglar.
12 Nima deb gapirishingizni o‘sha vaqtda sizga MuqaddasRuh o‘rgatadi.”
13 Olomon orasidan kimdir Isoga aytdi: — Ustoz, akamga ayting, otamiz bizga qoldirgan merosni men bilan bo‘lishsin.
14 — Ey inson! Kim Meni sizlarga qozi yoki meros bo‘luvchi qilib qo‘yibdi? — dedi unga Iso.
15 So‘ng xaloyiqqa dedi: — Ehtiyot bo‘linglar, o‘zingizni har qanday ochko‘zlikdan saqlanglar. Zero, insonning umri mol–mulkining ko‘pligiga bog‘liq emas.
16 Iso ularga shunday masal aytdi: —Bir boy odamning dalasi mo‘l hosil beribdi.
17 Boy ko‘nglida: “Nima qilsam ekan, hosilimni saqlashga yetarli joyim yo‘q–ku”, deb o‘ylabdi.
18 Nihoyat, u shunday debdi: “Endi bunday qilaman: omborlarimni buzib, kattaroqlarini quraman. Hamma don–dunlarimni, boyliklarimni o‘sha yerda saqlayman.
19 Shunda o‘zimga o‘zim deyman: ko‘p yillarga yetadigan mol–mulk to‘pladim. Endi rohatlanaman, yeb–ichaman, kayfu safo qilaman.”
20 Ammo Xudo unga shunday debdi: “Ey nodon! Shu tundayoq joning olinadi. Shunda yig‘ib–tergan mol–mulking kimga qoladi?”
21 Ha, o‘zi uchun boylik yiqqan, ammo Xudoning nazarida boy bo‘lmagan odamning qismati shunday bo‘ladi.”
22 Iso shogirdlariga shunday dedi: — Shuning uchun sizlarga aytaman: “Tirikchiligingizdan xavotir olib, nima yerkanmiz, ustimizga nima kiyarkanmiz, demanglar.
23 Axir, hayot ovqatdan, tana esa kiyimdan muhimroq–ku!
24 Qarg‘alarga qaranglar: ular na ekadi, na o‘radi, na omborlari, na qo‘ralari bor. Shunga qaramay, Xudo ularning rizqini beradi. Sizlar esa qushlardan ancha qadrlisizlar!
25 Birontangiz tashvishlanib, umringizni bir lahzaga bo‘lsa ham uzaytira olarmidingiz?!
26 Shunday arzimas ish qo‘lingizdan kelmas ekan, nega qolgan narsalar haqida tashvish tortasiz?
27 Nilufar gullarning qanday o‘sishiga e’tibor qiling: ular mehnat qilmaydi, ip yigirmaydi. Ammo sizlarga aytamanki, hatto shoh Sulaymon o‘zining shuhrat cho‘qqisida ham o‘sha gullarning biriday kiyinmagan.
28 Bugun bor, ertaga esa o‘choqqa tashlanadigan dala o‘tini Xudo shunday bezagan bo‘lsa, nahotki sizlarni kiyintirmasa, ey imoni sustlar!
29 Nima yeymiz, nima ichamiz, deb qayg‘urib bezovta bo‘lmanglar.
30 Dunyo xalqlari hadeb bu narsalarning payida yuradilar. Lekin osmondagi Otangiz bularga muhtoj ekaningizni biladi–ku!
31 Sizlar, yaxshisi, Xudoning Shohligi payida bo‘linglar va qolgan narsalar ham sizga beriladi.
32 Ey kichik suruv, qo‘rqmanglar! Osmondagi Otangiz O‘z Shohligini sizlarga berishni ma’qul topdi.
33 Mol–mulkingizni sotib, sadaqa beringlar. O‘zingizga eskirmaydigan hamyonlar, samolarda bitmas–tuganmas xazina tayyorlanglar. U yerga o‘g‘ri yaqinlasha olmaydi, xazinangizni kuya yeya olmaydi.
34 Xazinangiz qayerda bo‘lsa, yuragingiz ham o‘sha yerda bo‘ladi.”
35 “Har doim tayyor holda turinglar: belbog‘laringiz belingizda bog‘langan, chiroqlaringiz yonib turgan bo‘lsin!
36 Sizlar xo‘jayinining to‘ydan qaytishini intizorlik bilan kutgan xizmatkorlarday bo‘linglar. Xo‘jayin kelib, eshikni taqillatishi bilanoq eshikni ochadigan bo‘linglar.
37 Xo‘jayin kelganda hushyor turgan xizmatkorlar baxtlidir! Sizlarga chinini aytay: xo‘jayin belini bog‘lab, xizmatkorlarini dasturxonga o‘tqazadi va ularga o‘zi xizmat qiladi.
38 Xo‘jayin yarim tunda keladimi yoki tongga yaqin keladimi, xizmatkorlarini hushyor holda ko‘rsa, o‘sha xizmatkorlar naqadar baxtlidir!
39 Ammo shuni bilib qo‘yingki, agar uy egasi o‘g‘rining qachon kelishini bilganda edi, uyiga buzib kirishga o‘g‘riga yo‘l qo‘ymagan bo‘lardi.
40 Shuningdek, sizlar ham tayyor turinglar, chunki Inson O‘g‘li sizlar kutmagan vaqtda keladi.”
41 Shu payt Butrus so‘radi: — Hazrat, bu masalni faqat bizga aytyapsizmi yo hammagami?
42 Rabbimiz Iso shunday javob berdi: — Ishonchli va aqlli uy boshqaruvchisi kim? Xo‘jayin bunday odamni o‘z xizmatkorlariga boshliq qilib qo‘yadi, ularga o‘z vaqtida ovqat tarqatishni unga topshiradi.
43 Xo‘jayin uyga qaytganda o‘sha xizmatkorini yumush ustida ko‘rsa, xizmatkor naqadar baxtli!
44 Sizlarga chinini aytay: xo‘jayin o‘sha xizmatkorini butun mulki ustidan boshqaruvchi qilib qo‘yadi.
45 Ammo o‘sha xizmatkor o‘ziga: “Xo‘jayinim kechikib keladi”, deb boshqa xizmatkorlarni ura boshlasa, yeb– ichib, mast bo‘lsa,
46 xizmatkor kutmagan kunda, o‘ylamagan soatda xo‘jayini kelib qoladi, xizmatkorini tilka–pora qiladi, boshiga sadoqatsizlarning kunini soladi.
47 Xo‘jayinning xohishini bilgan, ammo hozirlik ko‘rmagan va uning xohishini bajarmagan xizmatkor ko‘p kaltak yeydi.
48 Bilmay turib jazoga munosib ish qilgan xizmatkor esa ko‘p kaltaklanmaydi. Kimga ko‘p berilgan bo‘lsa, undan ko‘p so‘raladi. Kimga ko‘p ishonib topshirilgan bo‘lsa, undan ko‘proq talab qilinadi.”
49 “Men yer yuziga olov keltirgani keldim. Qaniydi, bu olov hoziroq alanga olib ketsa!
50 Men chuqur qayg‘u–alamlarga botaman. Bu amalga oshmaguncha qattiq iztirob chekaman!
51 Meni yer yuziga tinchlik olib kelgan, deb o‘ylaysizlarmi? Yo‘q, deb aytaman, bo‘linish olib kelganman!
52 Zero, bundan buyon bir uyda yashagan besh kishi bo‘linadi, uchtasi ikkitasiga va ikkitasi uchtasiga qarshi bo‘ladi.
53 Ha, ular bo‘linadi: Ota o‘g‘liga qarshi chiqadi, O‘g‘il otasiga qarshi bo‘ladi, Ona qiziga qarshi chiqadi, Qiz onasiga qarshi bo‘ladi, Qaynana keliniga qarshi chiqadi, Kelin qaynanasiga qarshi bo‘ladi.”
54 Iso olomonga shunday dedi: — G‘arbda bulut ko‘tarilib kelayotganini ko‘rganingizda, sizlar darrov: “Hozir yomg‘ir yog‘adi”, deb aytasizlar. Shunday bo‘ladi ham.
55 Janubdan shamol esayotganini ko‘rganingizda, sizlar: “Jazirama issiq bo‘ladi”, deb aytasizlar. Shunday bo‘ladi ham.
56 Ey ikkiyuzlamachilar! Sizlar yeru osmonning avzoyiga qarab, ob–xavoni aniqlay olasizlar–ku! Nima uchun hozirgi zamonni talqin qila olmaysizlar?!
57 Nima to‘g‘riligini nega o‘zingiz qaror qila olmaysizlar?
58 Shunday ekan, birontasi bilan da’volashib, u bilan birga mahkamaga ketayotaningizda, yo‘lda u bilan yarashishga harakat qiling. Agar shunday qilmasangiz, u sizni qozining oldiga sudrab boradi, qozi sizni zindonbonga topshiradi. Zindonbon esa sizni zindonga tashlaydi.
59 Sizlarga shuni aytay: qarzingizni oxirgi tiyinigacha to‘lamaguningizcha, u yerdan chiqolmaysiz.