X. Ishonchsiz boshqaruvchi haqidagi masal (16:1−13)
16:1−2 Endi Iso Rabbimiz farziylar va ulamolardan o‘z shogirdlariga yuzlanib, ularga mol-mulkni boshqarish haqida ta’lim beradi. Bu Luqo Injilining eng murakkab qismlaridan biri ekanligi e’tirof etilgan. Qiyinchiligi shundaki, ishonchsiz boshqaruvchi haqidagi hikoya go‘yo nopoklikni maqtovga loyiq tarzda ko‘rsatayotgandek tuyuladi. Ammo uni tahlil qilsak, bu umuman unday emasligini ko‘ramiz. Bu hikoyadagi boy odam Xudoning O‘zidir. Boshqaruvchi esa - boshqaning mulkini boshqarish ishonib topshirilgan shaxsdir. Ushbu hikoyaning mohiyati shundaki, Rabbimizning har bir shogirdi ham boshqaruvchidir. Aynan shu boshqaruvchi xo‘jayinining mablag‘larini isrof qilishda ayblanadi. Uni hisobot berishga chaqirib, ishdan bo‘shatilishini ma’lum qilishadi.
16:3−6 Boshqaruvchi tezda o‘ylay boshlaydi. U kelajak haqida o‘ylash kerakligini tushunadi. U og‘ir jismoniy mehnat qilish uchun juda keksa va tilanchilik qilish uchun juda mag‘rur edi (garchi o‘g‘irlik qilishdan or qilmasa-da). U o‘zini qanday ta’minlaydi? U do‘stlar orttirishga yordam beradigan reja o‘ylab topadi, do‘stlari esa, o‘z navbatida, u muhtoj bo‘lganida unga muruvvat ko‘rsatishadi.
Uning rejasi quyidagicha edi: u xo‘jayinining mijozlaridan birining oldiga borib, undan qancha qarzi borligini so‘raydi. Mijoz yuz o‘lchov zaytun moyi borligini aytgach, boshqaruvchi unga ellik o‘lchovni to‘lashni buyuradi va hisob yopilgan deb hisoblaydi.
16:7 Boshqa bir mijoz yuz o‘lchov bug‘doydan qarzdor edi. Boshqaruvchi unga sakson o‘lchovni to‘lashni buyuradi va tilxatga to‘langanligi haqida belgi qo‘yadi.
16:8 Hikoyaning xo‘jayin ishonchsiz boshqaruvchini topqirlik bilan ish tutgani uchun maqtagan qismi hayratlanarli. Bunday nopoklikni qanday oqlash mumkin? Boshqaruvchining qilmishi adolatsiz edi. Keyingi oyatlardan ma’lum bo‘lishicha, boshqaruvchini nopok ishi uchun emas, balki uzoqni ko‘ra bilgani uchun maqtashgan. U oqilona ish tutdi. U kelajak haqida o‘yladi va unga g‘amxo‘rlik qildi. U kelajakdagi mukofot uchun hozirgi foydasini qurbon qildi. Buni o‘z hayotimizga tatbiq etar ekanmiz, Xudoning farzandining kelajagi bu dunyoda emas, balki samoda ekanligini juda aniq tushunishimiz kerak. Pastda ishdan bo‘shaganidan keyin o‘ziga do‘stlar orttirish uchun muayyan harakatlarni amalga oshirgan boshqaruvchi singari, masihiy ham jannatga borganida o‘zini samimiy kutib olishlarini ta’minlash uchun Xo‘jayinining ne’matlaridan foydalanishi lozim.
Rabbimiz shunday degan: "Bu zamonning farzandlari o‘z avlodiga nisbatan nur farzandlaridan ko‘ra topqirroqdirlar." Bu shuni anglatadiki, bu dunyodagi kelajagini ta’minlashda haqiqiy imonlilardan ko‘ra fosiq, qayta tug‘ilmagan insonlar ko‘proq donishmandlik ko‘rsatadilar, samoviy xazinalarni to‘playdilar.
16:9 Biz nohaq boylik vositasida do‘stlar orttirishimiz kerak, ya’ni pul va boshqa moddiy boyliklardan Masih uchun jonlar qozonish va shu orqali abadiy do‘stlik o‘rnatish uchun foydalanishimiz lozim. Pirson bu haqda aniq aytgan:
"Pulni Muqaddas Kitob, kitoblar, risolalar sotib olishga va ular orqali odamlarning qalbini egallashga sarflash mumkin. Shunday qilib, moddiy va o‘tkinchi bo‘lgan narsa o‘lmas, nomoddiy, ruhiy va abadiy bo‘lib qoladi. Mana, yuz dollari bor odam. U bu pullarni ziyofat yoki bazm uchun sarflashi mumkin, u holda ertasi kuni bu pullardan hech narsa qolmaydi. Boshqa tomondan, u Injilni sotib olish uchun har bir nusxa uchun bir dollardan sarmoya kiritadi. Bu pulga Xudoning Kalomini yuz nusxada sotib olish mumkin. U donolik bilan ularni, Muqaddas Kitoblar emas, balki jonlar shaklida unib chiqadigan Shohlik urug‘lari kabi ekadi. Nohaq boylikdan foydalanib, u o‘ziga abadiy do‘stlar orttirdi, ular u yerga borganida uni abadiy maskanda kutib olishadi." (Our Lord’s Teaching About Money (tract), 10-11-betlar.)
Demak, bu Rabbimizning ta’limotidir. Moddiy mablag‘larni oqilona sarflash orqali, erkaklar va ayollarning abadiy barakasiga hissa qo‘shishimiz mumkin. Samoviy darvozalarga yetib borgunimizcha, moddiy ehsonlarimiz va ibodatlarimiz tufayli najot topgan insonlardan tashkil topgan kutib olish qo‘mitasini ta’minlashimiz mumkin. Bu odamlar bizga minnatdorchilik bildirib: "Meni bu yerga aynan siz taklif qildingiz," deyishadi.
Darbi shunday sharhlaydi: "Umuman olganda, har bir inson Xudoning boshqaruvchisi; boshqa ma’noda va boshqa tarzda, Isroil Xudoning uzumzorida o‘rnatilgan va unga qonun, va’dalar, ahdlar hamda Xudoga xizmat qilish ishonib topshirilgan Xudoning boshqaruvchisi edi. Biroq Isroil Xudoning ne’matlarini isrof qilayotgani ma’lum bo‘ldi. Boshqaruvchi sifatida qaralgan odam hamma narsada ishonchsiz bo‘lib chiqdi. Endi nima qilish kerak? Xudo keladi va O‘z inoyati bilan qudratli tarzda insonning yer yuzida suiiste’mol qilgan narsalarini samoviy meva olish vositasiga aylantiradi. Bu dunyoning moliga ega bo‘lgan kishi uni Xudodan butunlay uzoq bo‘lgan o‘tkinchi dunyoviy lazzatlar uchun emas, balki kelajakni ta’minlash uchun ishlatishi lozim. Biz bu yerdagi narsalarga ega bo‘lishga intilmasligimiz kerak, aksincha bu narsalarning barchasidan to‘g‘ri foydalanib, kelgusi hayot uchun o‘zimizni ta’minlashimiz ma’qul. Hozir pulga ega bo‘lgandan ko‘ra, kelgusi kun uchun do‘stga sarmoya kiritgan afzal. Bu masaldagi odam halokatga yuz tutdi. Shuning uchun u bu yerda lavozimidan chetlashtirilgan boshqaruvchidir." (J. N. Darby, The Man of Sorrows, 178-bet.)
16:10 Agar ozni (pulni) boshqarishda sodiq bo‘lsak, ko‘pni (ma’naviy boylikni) boshqarishda ham sodiq bo‘lamiz. Aksincha, Xudo tomonidan ishonib topshirilgan pulni noto‘g‘ri ishlatayotgan odam, kattaroq masalalar ko‘tarilganda ham, bevafo bo‘ladi. Pulning nisbatan ahamiyatsizligi "oz" so‘zi bilan ta’kidlanadi.
16:11 Nohaq boylikni Rabbimiz uchun ishlatishda insofsiz bo‘lgan har bir kishi, U haqiqiy boylikni unga ishonib topshirishini kutishi dargumon. Pul nohaq boylik deb ataladi. Aslida unda yomonlik yo‘q. Biroq, agar dunyoga gunoh kirmaganida, pulning keragi ham bo‘lmasdi.
Pul nohaq, chunki u odatda Xudoni ulug‘lashga qaratilmagan maqsadlarda ishlatiladi. Bu yerda u haqiqiy boylikka qarama-qarshi qo‘yilgan. Pulning qadri beqaror va vaqtinchalik; ma’naviy voqelikning qadri esa mustahkam va abadiydir.
16:12 12-oyat begona va o‘ziniki o‘rtasidagi farqni ko‘rsatadi. Biz ega bo‘lgan hamma narsa - pul, vaqt, iste’dod - Parvardigorga tegishli va biz ularni U uchun sarflashimiz kerak. Bizniki esa Masihga sadoqat bilan xizmat qilishimiz natijasida bu dunyoda va oxiratda oladigan mukofotimizni anglatadi. Agar biz Unga tegishli bo‘lgan narsaga sodiq bo‘lmasak, U qanday qilib bizga o‘zimiznikini bera oladi?
16:13 Bir vaqtning o‘zida ham moddiy narsalar uchun, ham Xudo uchun yashash deyarli imkonsiz. Agar biz pulga qaram bo‘lsak, Rabbimizga chinakamiga xizmat qila olmaymiz. Boylik to‘plash uchun butun kuch-g‘ayratimizni sarflashimiz kerak. Bunda biz Xudoning haqqini o‘g‘irlagan bo‘lamiz. Natijada sadoqatimiz ikkiga bo‘linadi. Intilishlarimiz aralashib ketadi. Xolis qarorlar yo‘qoladi.
Xazinamiz qayerda bo‘lsa, yuragimiz ham o‘sha yerda. Boylik to‘plashga harakat qilib, mamonaga xizmat qilamiz. Ayni paytda Xudoga ham xizmat qilish mumkin emas. Mamona bizdan bor-yo‘g‘imizni va butun borlig‘imizni - kechki vaqtlarimizni, dam olish kunlarimizni, Rabbimizga bag‘ishlashimiz kerak bo‘lgan vaqtimizni talab qiladi.
Y. Pulparast farziylar (16:14−18)
16:14 Farziylar nafaqat mag‘rur va ikkiyuzlamachi, balki pulparast ham edilar. Ular taqvodorlikni daromad topish vositasi deb bilishardi. Ular foyda keltiradigan kasbni tanlagandek dinni ham tanladilar. Ularning xizmati Xudoni ulug‘lash va boshqalarga yordam berishga emas, balki o‘zlarini boyitishga qaratilgan edi. Ular Iso Masihning bu dunyoning boyligini tashlab, samoda xazina to‘plash haqidagi ta’limotini eshitib, Uni masxara qilishardi. Ular uchun pul Xudoning va’dalaridan ko‘ra haqiqiyroq edi. Hech narsa ularning boylik to‘plashiga to‘sqinlik qila olmasdi.
16:15 Farziylar tashqi ko‘rinishdan xudojo‘y va ruhoniy edi. Odamlar oldida o‘zlarini solih qilib ko‘rsatardilar. Ammo Xudo ularning aldamchi tashqi qiyofasi ortida qalblarining ochko‘zligini ko‘rardi. Ularning soxta taqvodorligiga U aldanmadi. Ular yashayotgan va boshqalar ma’qullagan hayot tarzi (Zabur 48:19) Xudo oldida jirkanch edi. Ular diniy faoliyatni moddiy boylik bilan qo‘shib olib borganlari uchun o‘zlarini muvaffaqiyatli deb hisoblashardi.
Biroq Xudoning nuqtai nazaridan, ular ma’naviy zinokor edilar. Ular Yahovani sevishlarini e’tirof etishsa-da, aslida ularning xudosi Mamona edi.
16:16 16−18-oyatlardagi fikrlar ketma-ketligini tushunish juda qiyin. Ular birinchi marta o‘qilganda oldingi va keyingi matnlarga mutlaqo aloqasi yo‘qdek tuyuladi.
Biroq, 16-bobning asosiy mavzusi bo‘lmish pulparastlik va farziylarning bevafoligini yodda tutsak, ularni yaxshiroq tushunishimiz mumkin. Qonunga qat’iy rioya qilish bilan maqtanadiganlar ochko‘z ikkiyuzlamachilar sifatida fosh etiladi. Qonunning ruhi farziylarning ruhi bilan keskin qarama-qarshilikka ega.
Qonun va payg‘ambarlar Yahyogacha edi. Bu so‘zlar bilan Rabbimiz Muso bilan boshlanib, Yahyo cho‘mdiruvchi bilan tugagan qonun davrini tasvirladi. Endi yangi davr harakati boshlanayotgan edi. Yahyo kunlaridan boshlab Xudoning Shohligi haqida xushxabar tarqalmoqda. Cho‘mdiruvchi Isroilning haqiqiy Shohi kelganini e’lon qildi. U odamlarga, agar tavba qilsalar, Rabbimiz Iso ularga hukmronlik qilishini aytdi. Uning va’zi hamda Rabbimizning O‘zi va shogirdlarining keyingi va’zlari natijasida ko‘p odamlar bu da’vatga bajonidil javob berdilar.
"Har bir kishi unga zo‘r berib kiradi" degani, bu xabarni eshitganlar Shohlikka shiddat bilan kirib borganini anglatadi. Masalan, soliqchilar va gunohkorlar farziylar o‘rnatgan to‘siqlarni yengib o‘tishlari kerak edi. Boshqalardan esa o‘z qalblaridagi pulga muhabbatni qattiq qoralash talab qilinardi. Kimlardir esa xurofotlarni yengishlari lozim edi.
16:17−18 Biroq yangi davrning kelishi asosiy axloqiy haqiqatlar bekor qilinadi degani emas.
Osmon va yer yo‘q bo‘lishi mumkin, ammo qonunning bir nuqtasi ham yo‘qolmaydi. "Qonunning nuqtasi" iborasi uning o‘zgarmasligini ko‘rsatadi.
Farziylar o‘zlarini Xudoning Shohligida deb o‘ylashardi, ammo Rabbimiz ularga aslida shunday dedi: "Siz Xudoning buyuk axloqiy qonunlarini oyoq osti qilib, yana Shohlikdagi o‘ringa da’vo qila olmaysiz". Ular ehtimol so‘rashardi: "Qaysi buyuk axloqiy ko‘rsatmalarga rioya qilmayapmiz?" Shunda Rabbimiz ularga hech qachon bekor qilinmaydigan nikoh qonunini ko‘rsatdi.
Kim xotinini qo‘yib yuborib, boshqasiga uylansa, zino qilgan bo‘ladi. Eridan ajralgan ayolga uylangan har kim ham zino qilgan bo‘ladi. Bu farziylarning ruhiy ma’noda qilayotgan ishlariga mos keladi. Yahudiy xalqi Xudo bilan ahd tuzgan edi. Ammo farziylar moddiy boylikka bo‘lgan g‘ayritabiiy intilishlarida Xudoga orqa o‘girishdi. Balki bu oyat ularning nafaqat ma’naviy, balki jismoniy zinoda ham aybdor ekanliklariga ishora qilayotgandir.
Boy va Lazar (16:19−31)
16:19−21 Rabbimiz moddiy boyliklarni boshqarish haqidagi nutqini ikki hayot, ikki o‘lim va ikki oqibat haqidagi hikoya bilan yakunlaydi. E’tibor bering, bu masal emas. Buni ta’kidlashimizning sababi shuki, ba’zi tanqidchilar bu hikoyaning jiddiy ma’nosini uning masal ekanligiga ishora qilib tushuntirishga urinadilar.
Boshidanoq aniq aytish kerakki, nomsiz boy odam boyligi uchun do‘zaxga mahkum etilmagan. Najotning asosi Rabbimizga ishonishdir va odamlar Unga ishonmaganlari uchun hukm qilinadilar. Xususan, bu boy odam o‘z darvozasi oldida yotgan yarador qashshoqqa befarq munosabatda bo‘lib, haqiqiy qutqaruvchi imonga ega emasligini ko‘rsatdi.
Agar unda Xudoning sevgisi bo‘lganida, bir millatdoshi uyi darvozasi oldida non ushoqlarini tilanib yotganida, u hashamat, rohat va farovonlikda yashay olmas edi. Agar u pulga bo‘lgan muhabbatidan voz kechganida, Xudoning Shohligiga zo‘r berib kirgan bo‘lardi.
Shuningdek, Lazar kambag‘alligi tufayli qutqarilmagani ham haqiqat. U o‘z jonini qutqarish ishida Rabbimizga ishondi.
Endi ba’zan "boy" deb ataladigan badavlat odamning tasviriga e’tibor bering. U faqat eng qimmatbaho va zamonaviy kiyimlarni kiyar, dasturxoni esa eng nafis taomlar bilan to‘la edi. U o‘zi uchun yashar, nafs lazzati va istaklar qondirishga berilgan edi. Unda Xudoga bo‘lgan samimiy muhabbat va boshqa insonlar haqida qayg‘urish yo‘q edi.
Lazar uning mutlaqo aksi edi. U har kuni boyning uyi oldida yotadigan, yaralari bor, ochlikdan holsizlangan, yaralarini yalayotgan iflos itlar ta’qib qilayotgan baxtsiz tilanchi edi.
16:22 Tilanchi vafot etgach, farishtalar uni Ibrohimning bag‘riga olib bordilar. Ko‘pchilik mo‘minlarning ruhlarini osmonga ko‘tarishda farishtalar ishtirok etishiga shubha qiladi. Biz bu so‘zlarning oddiy ma’nosiga shubha qilish uchun sabab ko‘rmayapmiz. Farishtalar bu hayotda mo‘minlarga xizmat qilgani kabi, o‘lim soatida ham shunday qilishlarining sababi bor. Ibrohimning bag‘ri - bu baxt-saodat makonini anglatuvchi majoziy ibora. Har bir yahudiy uchun Ibrohim bilan muloqotda bo‘lish so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydigan baxt hisoblanadi. Biz Ibrohimning bag‘rini jannat bilan bir deb bilamiz. Boy ham vafot etgach, uning jasadini dafn etishdi - u rohat-farog‘atda yashagan va ko‘p mablag‘ sarflagan tanasini.
16:23−24 Biroq bu hikoyaning oxiri emas. Uning ruhi, ya’ni o‘zini anglash qobiliyatiga ega bo‘lgan mohiyati, do‘zaxga tushdi.
Do‘zax (qadimgi Ahddagi "sheol" so‘zining yunoncha tarjimasi) - marhumlar ruhlarining makonidir. Qadimgi Ahd davrida u najot topganlar va topmaganlar makoni sifatida tilga olingan. Bu yerda u najot topmaganlar uchun mo‘ljallangan joy sifatida tasvirlangan, chunki biz boyning azobda ekanligini o‘qiymiz. Isoning boy odam do‘zaxga tushgani haqidagi so‘zlari shogirdlarini hayratga solgan bo‘lsa kerak.
Qadimgi Ahd asosida ularga boylik - bu Xudoning marhamati va iltifoti belgisi, deb o‘rgatilgan edi. Xudoga itoatkor isroillikka moddiy farovonlik va’da qilingan edi. Shunday ekan, badavlat yahudiy qanday qilib do‘zaxga tushishi mumkin? Hazrati Iso hozirgina Yahyoning va’zi bilan dunyoning yangi tartibi boshlanganini e’lon qilgan edi. Demak, boylik endi barakaning belgisi emas. U insonning sadoqatini sinash vositasidir. Kimga ko‘p berilgan bo‘lsa, undan ko‘p talab qilinadi.
23-oyat "ruh uyquda" degan nazariyani, ya’ni o‘lim va tirilish oralig‘ida ruh hushsiz holatda bo‘ladi, degan fikrni rad etadi. Bu oyat qabrning narigi tomonida ongli hayot borligini isbotlaydi. Aslida, boy odamning bilimi qanchalik keng ekanligi bizni hayratga soladi. U uzoqdan Ibrohimni va uning bag‘ridagi Lazarni ko‘rdi. U hatto Ibrohim bilan suhbatlasha olardi. Uni "ota Ibrohim" deb atab, rahm-shafqat so‘radi va Lazardan bir tomchi suv keltirib, tilini sovutishini iltimos qildi. Albatta, jismsiz ruh qanday qilib chanqoq va olov azobini his qilishi mumkin, degan savol tug‘iladi. Biz bu yerda majoziy ifoda ishlatilgan deb xulosa qilishimiz mumkin, ammo bu azob-uqubatlar haqiqiy emasligini anglatmaydi.
16:25 Ibrohim uni "o‘g‘lim" deb atadi, bu bilan uning jismoniy avlodi ekanligini tasdiqladi, garchi ma’naviy jihatdan shunday emasligini anglash mumkin edi. Patriarx unga hashamat, aysh-ishrat va rohat-farog‘atda o‘tgan hayotini eslatdi. U Lazarning qashshoqligi va azob-uqubatlarini ham tilga oldi. Endi qabrning narigi tomonida ularning o‘rni almashgandi. Yer yuzidagi tengsizlik teskarisiga o‘zgardi.
16:26 Bu oyatdan bilamizki, bu hayotda qilgan tanlovimiz abadiy taqdirimizni belgilab beradi va o‘lim kelishi bilanoq bu taqdir o‘zgarmas bo‘lib qoladi. Najot topganlarning makonidan mahkumlar turgan joyga va aksincha o‘tish imkoniyati yo‘q.
16:27−31 O‘limidan so‘ng boy to‘satdan xushxabar tarqatuvchiga aylanadi. U beshta birodarining oldiga biror kishi borib, ularni bu azob makoniga kelmasliklari haqida ogohlantirishi uchun yolvoradi.
Ibrohim bu besh aka-uka yahudiy bo‘lganliklari sababli Qadimgi Ahd kitoblariga ega ekanliklarini va bular ogohlantirish uchun yetarli bo‘lishi kerakligini aytdi. Boy Ibrohimga e’tiroz bildirib, agar marhumlardan biri ularning oldiga borsa, albatta tavba qilishlarini aytdi. Ammo Ibrohim so‘nggi so‘zni o‘zida qoldirdi. U Xudoning Kalomini tinglashdan bosh tortish qat’iy qaror ekanini ta’kidladi. Agar odamlar Muqaddas Kitobdagi ogohlantirishlarga quloq solmasalar, hatto kimdir tirilsa ham ishonmaydilar. Hazrati Iso bilan sodir bo‘lgan voqea bunga yaqqol misol bo‘la oladi. U tirildi, lekin odamlar hamon bunga ishonishmaydi.
Yangi Ahddan bilamizki, imonli odam vafot etganda, uning tanasi qabrga qo‘yiladi, ruhi esa Masih bilan birga bo‘lish uchun samoga ko‘tariladi (2Kor 5:8; Flp 1:23).
Imonsiz kishi o‘lganda, uning jasadi ham xuddi shunday qabrga qo‘yiladi, ammo ruhi do‘zaxga ketadi. Uning uchun do‘zax azob-uqubat va vijdon azobi maskanidir. Masihning qaytishi paytida mo‘minlarning jasadlari qabrdan tirilib, ruh va jon bilan birlashadi (1Sal 4:13−18). Shundan so‘ng ular Masih bilan abadiy yasharlar. Buyuk oq taxt oldidagi hukm paytida imonsizlarning tanasi, ruhi va joni ham qayta birlashtiriladi (Vahiy 20:12−13). So‘ngra ular olovli ko‘lga - abadiy azob makoniga tashlanadilar.
Shunday qilib, 16-bob farziylar va pul uchun yashaydigan barcha kishilarga jiddiy ogohlantirish bilan yakunlanadi. Bunday yo‘l tutib, ular o‘z jonlarini xavf ostiga qo‘yadilar. Do‘zaxda suv so‘ragandan ko‘ra, yerda non so‘ragan afzalroqdir.