IX. INSON O‘G‘LI O‘Z SHOGIRDLARIGA TA’LIM BERMOQDA (17:1 - 19:27)
A. Vasvasalar haqida (17:1−2)
Ushbu bobda fikrlarni bayon qilish ketma-ketligi noaniq ko‘rinadi. Ba’zida hatto Luka bir nechta alohida mavzularni birlashtirayotgandek tuyuladi. Biroq Isoning vasvasaga tushish xavfi to‘g‘risidagi dastlabki so‘zlarini 16-bobning oxiridagi boy haqidagi hikoya bilan bog‘lash mumkin. Hashamatli, mamnun va qulay hayot tarzi yosh imondagilar uchun qoqilish toshi bo‘lishi oson. Ayniqsa, agar kishi masihiy sifatida obro‘ga ega bo‘lsa, u boshqalarga o‘rnak bo‘lishi muqarrar. Rabbimiz Iso Masihning izdoshlarini moddiyatchilik va boylikka sig‘inish hukmron bo‘lgan hayotga yetaklash naqadar xavfli.
Albatta, bu tamoyil juda keng qo‘llaniladi. Kichiklardan biri dunyoviy hayot tarziga undalganda qoqilishi mumkin. Inson jinsiy gunohga aralashib adashishi mumkin. U Muqaddas Kitobning aniq ma’nosini buzadigan ta’limotga qoqilishi mumkin. Insonni samimiy imon, fidoyilik va muqaddaslik yo‘lidan ozdiruvchi har qanday narsa qoqilish toshi hisoblanadi.
Inson tabiatini va bu dunyoning ahvolini bilgan Rabbimiz vasvasaga tushmaslik mumkin emasligini aytdi.
Ammo bu hol vasvasa keltiradigan kishining aybini kamaytirmaydi. Bunday odamning bo‘yniga tegirmon toshi osib, dengiz qa’riga cho‘ktirilsa, yaxshiroq bo‘lardi. Ko‘rinib turibdiki, bunday kuchli iboralardan maqsad nafaqat jismoniy o‘limni, balki abadiy jazoni ham tasvirlashdir.
Hazrati Iso kichkinalarni vasvasaga solish haqida gapirganida, u faqat bolalarni nazarda tutmagan bo‘lsa kerak. U imonda yosh bo‘lganlarga ishora qilayotganga o‘xshaydi.
B. Kechirim haqida (17:3−4)
Masihiy hayotda nafaqat boshqalarni vasvasaga solish xavfi bor. Yashirin adovat, dilozor kechirim so‘raganda kechirmaslikda ham xatar mavjud. Xudovand bu yerda aynan shu haqda gapiryapti. Yangi Ahd bunday masalalarga qanday yondashishni o‘rgatadi:
1. Agar bir masihiy boshqa masihiydan zarar ko‘rgan bo‘lsa, u avvalo qalbida aybdorni kechirishi kerak (Efes. 4:32). Bu uning o‘z qalbini gina-kudratdan xoli saqlaydi.
2. Keyin u shaxsan aybdorga murojaat qilib, uni ogohlantirishi lozim (3-oyat; shuningdek, Mat. 18:15). Agar u tavba qilsa, kechirilganini aytish kerak. Hatto u bir kunda yetti marta gunoh qilib, keyin tavba qilganini aytsa ham, uni kechirish kerak (4-oyat).
3. Agar shaxsiy ogohlantirish natija bermasa, zarar ko‘rgan odam bir yoki ikkita guvoh olib borishi kerak (Mat. 18:16). Bordi-yu, aybdor ularga quloq solmasa, bu ishni jamoat oldiga qo‘yish lozim.
Jamoatning qaroriga bo‘ysunishdan bosh tortish jamoatdan chetlatilishga olib kelishi kerak (Mat. 18:17).
Ogohlantirishlar va boshqa intizomiy choralarning maqsadi o‘ch olish yoki aybdorni kamsitish emas, balki uni Rabbimiz va birodarlar bilan muloqotga qaytarishdir. Barcha ogohlantirishlar muhabbat ruhida bo‘lishi kerak. Aybdorning tavbasi chin yoki yolg‘onligini aniqlash bizga berilmagan. Uning tavba qilganiga so‘zsiz ishonishimiz lozim.
Shuning uchun ham Iso: "Agar kuniga yetti marta senga qarshi gunoh qilib, yetti marta tavba qilsa, uni kechir", deb aytgan. Bu Otamizning bizga ko‘rsatayotgan marhamatidir. Uning umidlarini qanchalik oqlamasak ham, "agar gunohlarimizni e’tirof etsak, U sadoqatli va odil bo‘lib, gunohlarimizni kechiradi va bizni har qanday nohaqlikdan poklaydi", degan ishonchni saqlab qolamiz (1 Yuh. 1:9).
D. Imon haqida (17:5−6)
17:5 Havoriylarga kuniga yetti marta kechirish g‘oyasi qiyin va hatto bajarib bo‘lmaydigan bo‘lib tuyulgan. Ular bunday marhamat ko‘rsatishga kuchlari yetmasligini o‘ylashdi. Shuning uchun ular Rabbimizdan imonlarini kuchaytirshini so‘rashdi.
17:6 Rabbimizning javobi shuni ko‘rsatdiki, masala imonning kattaligida emas, balki uning sifatidadir. Muammo ko‘proq imonga ega bo‘lishda emas, balki mavjud imonni qo‘llashdadir. Birodarlarimizni kechirishdan bizni o‘z takabburligimiz va manmanligimiz to‘xtatib turibdi. Bu takabburlikni ildizi bilan sug‘urib tashlash kerak.
Agar xantal urug‘idek imon anjir daraxtini ildizi bilan qo‘porib, dengizga ko‘chirib o‘tqazsa, u bizga birodarimizni cheksiz kechirishimizga xalaqit beradigan bag‘ritoshlik va qaysarlik ustidan yanada osonroq g‘alaba qozonishimizga yordam beradi.
E. Foydali xizmatkorlar haqida (17:7−10)
17:7−9 Masihning haqiqiy xizmatkorida maqtanish uchun hech qanday asos yo‘q. O‘zini yuqori tutish hissini ildizi bilan yo‘q qilish, uning o‘rniga o‘zining noloyiqligini chuqur anglash kerak.
Bu saboqni biz qul haqidagi hikoyadan olamiz. Bu qul kun bo‘yi yer haydab, qo‘y boqadi. U og‘ir mehnat kunining oxirida daladan qaytganda, xo‘jayin uni kechki ovqatga taklif qilmaydi. Aksincha, belini bog‘lab, kechki ovqatni tayyorlashni buyuradi.
Faqat bu buyruq bajarilgandan keyingina xizmatkorga o‘zi ovqatlanishiga ruxsat beriladi. Xo‘jayin o‘z quliga qilgan barcha ishlari uchun minnatdorchilik bildirmaydi. Bu uning burchi. Chunki qul o‘z xo‘jayiniga tegishli va uning birinchi vazifasi itoat etishdir.
17:10 Xuddi shunday, shogirdlar ham Rabbimiz Iso Masihning xizmatkorlaridir. Ular ruhi, joni va tanasi bilan Unga tegishli.
Ular Qutqaruvchi uchun qilgan hamma narsa, U Golgofada bajargan ishga munosib javob bo‘la olmaydi. Shuning uchun shogird Yangi Ahdda buyurilgan hamma narsani bajargan bo‘lsa ham, o‘zini arzimas qul deb tan olishi, faqat bajarishi lozim bo‘lgan ishni qilganini e’tirof etishi kerak.
Roy Heshen qulning quyidagi beshta xususiyatini sanab o‘tadi:
1. U bir ishdan keyin ikkinchisini bajonidil bajarishi, buning uchun hech qanday mukofot kutmasligi kerak.
2. Shunday qilar ekan, buning uchun minnatdorchilik kutmasligi lozim.
3. Barcha topshiriqlarni bajarib bo‘lgach, xo‘jayinini xudbinlikda ayblamasligi kerak.
4. O‘zini arzimas qul deb tan olishi zarur.
5. U ishni bajarar ekan, o‘z vaziyatini muloyimlik va kamtarlik bilan qabul qilar ekan, faqat bajarishi kerak bo‘lgan narsani qilganini tan olishi lozim. (Roy Hession, The Calvary Road, 49-bet.)
F. Iso o‘nta moxovni tozalaydi (17:11−19)
17:11 Noshukurlik gunohi - shogirdning hayotida poylab turgan yana bir xavf. Bu o‘nta moxov misolida ko‘rsatilgan. Rabbimiz Iso Quddusga yo‘l olib, Samariya va Jalila oralig‘idan o‘tganini o‘qiymiz.
17:12−14 U bir qishloqqa kirayotganda, o‘nta moxov Uni ko‘rdi. Ular kasalliklari tufayli yaqinlasha olmay, uzoqdan turib baland ovozda Unga yolvorib, shifo so‘rashdi. U ularning ishonchini qadrladi va ruhoniylarga ko‘rinishga borishlarini aytdi. Bu shuni anglatardiki, ruhoniyga borganda ular moxovdan xalos bo‘ladilar. Ruhoniy ularni davolash kuchiga ega emas edi, ammo uning vazifasi ularni pok deb e’lon qilish edi. Moxovlar Rabbimizning so‘ziga itoat etib, ruhoniyga yo‘l olishdi va yo‘lda ketayotib, mo‘jizaviy tarzda kasallikdan forig‘ bo‘lishdi.
17:15−18 Ularning hammasi shifo topish uchun ishonchga ega edi, ammo o‘ntadan faqat bittasi Rabbga shukrona aytish uchun qaytib keldi. Qiziq tomoni shundaki, u samariyalik edi - yahudiylar aloqa qilmaydigan, nafratlanadigan qo‘shni xalqning vakili edi. U Xudoga sajda qilishning haqiqiy o‘rni bo‘lmish Isoning oyoqlari oldiga yuz tuban yiqildi. Iso, o‘nta odam poklanmadimi, deb so‘radi. Nega bu chet ellikdan boshqa hech kim minnatdorchilik bildirish uchun qaytib kelmadi? Qolgan to‘qqiztasi qani? Ularning hech biri Xudoga shukr aytish uchun qaytmadi.
17:19 Hazrati Iso samariyalikka qarab: "Tur, bor; imoning seni qutqardi," dedi. Faqat minnatdor bo‘lgan o‘n foizgina Masihning haqiqiy boyligiga ega bo‘ladi. Iso qaytib kelishimizni (15-oyat) va shukronamizni (16-oyat) yangi barakalar bilan kutib oladi. "Imoning seni qutqardi" degan so‘zlar to‘qqiz kishi moxovdan xalos bo‘lganiga, o‘ninchisi esa gunohdan ham qutulganiga ishora qiladi!
G. Shohlikning kelishi haqida (17:20−37)
17:20−21 Farziylarning Shohlik haqidagi savoli samimiy bo‘lganmi yoki shunchaki masxara qilishganmi, bilish qiyin. Biroq, ular ham, yahudiylar singari, buyuk qudrat va shon-shuhrat bilan o‘rnatiladigan Shohlikka umid bog‘laganini aniq bilamiz. Ular tashqi belgilarni - buyuk siyosiy o‘zgarishlarni kutishardi.
Qutqaruvchi ularga: "Xudoning Shohligi ko‘zga ko‘rinarli tarzda kelmaydi", dedi. Ya’ni, Xudoning Shohligi, hech bo‘lmaganda hozirgi ko‘rinishida, tashqi belgilar bilan kelmaydi. Bu "mana bu yerda" yoki "ana u yerda" deb aytish mumkin bo‘lgan ko‘rinadigan yerdagi vaqtinchalik shohlik emas.
Aksincha, Qutqaruvchi Xudoning Shohligi odamlarning ichida yoki, to‘g‘rirog‘i, ularning orasida ekanligini aytdi. Iso Masih Shohlik haqiqatan ham farziylarning qalbida ekanini nazarda tutmagan, chunki bu qotib qolgan diniy munofiqlarning yuragida Shoh Masihga joy yo‘q edi.
U Xudoning Shohligi ular orasida ekanini nazarda tutgan. U Isroilning haqiqiy Podshohi edi, U mo‘jizalarini yaratdi va O‘z vakolatlarini hammaga ko‘rsatdi. Lekin farziylar Uni qabul qilmadilar.
Shunday qilib, Xudoning Shohligi ularga taqdim etilgan edi, ular esa buni umuman payqashmagan edi.
17:22 Iso farziylar bilan suhbatda Shohlikni allaqachon kelgan narsa sifatida tasvirlagan. Shogirdlariga murojaat qilganda esa, Shohlik haqida Uning ikkinchi kelishida o‘rnatiladigan kelajak voqea sifatida gapirgan. Ammo avval U O‘zining birinchi va ikkinchi kelishlari orasidagi davrni tasvirlab berdi. Shunday kunlar keladiki, shogirdlar Inson O‘g‘lining kunlaridan birini ko‘rishni istaydilar, ammo ko‘ra olmaydilar. Boshqacha aytganda, ular U yer yuzida ular bilan birga bo‘lgan va U bilan shirin muloqotdan bahramand bo‘lgan kunlarning hech bo‘lmaganda bittasini qaytarishni orzu qilishadi. Bu kunlar qaysidir ma’noda U qudrat va buyuk shon-shuhrat bilan qaytadigan vaqtning muqaddimasi edi.
17:23−24 Ko‘plab soxta masihlar paydo bo‘ladi va hukmdorlar Masihning kelganini e’lon qiladilar. Ammo Uning izdoshlari bunday yolg‘on xabarlarga aldanmasliklari kerak. Isoning ikkinchi kelishi osmonni bir chetidan ikkinchi chetigacha kesib o‘tgan chaqmoq kabi aniq va shubhasiz bo‘ladi.
17:25 Hazrati Iso shogirdlariga bularning barchasi sodir bo‘lishidan oldin U ko‘p azob chekishi va bu avlod tomonidan rad etilishi kerakligini yana bir bor eslatdi.
17:26−27 O‘zining hukmronlik qilish uchun kelishi mavzusiga qaytib, Rabbimiz bu ulug‘vor voqeadan bevosita oldingi kunlar Nuh kunlariga o‘xshash bo‘lishini ta’kidladi.
Odamlar yegan, ichgan, uylangan, erga tekkан. Buning hech yomon joyi yo‘q, bu normal, qonuniy insoniy faoliyatdir. Yomonlik shunda ediki, odamlar bularning barchasi uchun yashar, Xudo haqida o‘ylamas va Unga vaqt ajratmas edilar. Nuh va uning oilasi kemaga kirgandan so‘ng, to‘fon kelib, boshqa barcha odamlarni halok qildi. Shunday qilib, Xudoning marhamatini rad etganlar uchun Masihning ikkinchi kelishi hukm bo‘ladi.
17:28−30 Rabbimiz, shuningdek, Uning ikkinchi kelishidan oldingi kunlar Lut kunlariga o‘xshash bo‘lishini aytdi. Sivilizatsiya bu vaqtga kelib rivojlangan, odamlar nafaqat yeb-ichgan, balki sotib olgan, sotgan, ekkan, qurgan. Bu insonning oltin asrni yaratishga, Xudosiz tinchlik va farovonlikka erishishga urinishi edi.
Lut, xotini va qizlari Sadumdan chiqqan kuni osmondan olovli va oltingugurtli yomg‘ir yog‘ib, gunohkor shaharni vayron qildi. Inson O‘g‘li zohir bo‘ladigan kunda ham shunday bo‘ladi. Rohat-farog‘atga, o‘zini ovutishga, savdo-sotiqqa berilganlar halok bo‘ladi.
17:31 Bu dunyoviy narsalarga bog‘lanib qolish inson hayotini xavf ostiga qo‘yadigan kun bo‘ladi. Kim tomda bo‘lsa, uydan narsalarini qutqarishga urinmasin. Kimki dalada bo‘lsa, uyiga qaytmasin. Ular hukm bo‘ladigan bu joylardan qochishlari kerak.
17:32 Lutning xotini Sadumdan deyarli majburan olib chiqilgan bo‘lsa-da, uning qalbi o‘sha shaharga tegishli edi. Orqasiga qarab qo‘ygani ham shundan dalolat beradi. U Sadumdan chiqdi, lekin Sadum undan chiqmadi. Natijada Xudo uni tuz ustuniga aylantirib halok qildi.
17:33 Kimki o‘z hayotini asrab-avaylab, faqat jismoniy xavfsizligi haqida qayg‘urib, qalbiga e’tibor bermasa, uni yo‘qotadi. Aksincha, bu buyuk qayg‘u davrida Rabbiga sadoqati tufayli o‘z hayotini yo‘qotgan har bir kishi, aslida uni abadiyat uchun saqlab qoladi.
17:34−36 (Ko‘pchilik qo‘lyozmalarda, shuningdek, eng qadimgilarida ham 36-oyat yo‘q; bu shuni anglatadiki, u, ehtimol, asl matnda bo‘lmagan.) Rabbimizning kelishi ajralish vaqti bo‘ladi. Ikki kishi bir to‘shakda yotadi. Biri hukm uchun olinadi. Ikkinchisi esa, imoni tufayli Masihning Shohligiga kirish uchun qoldiriladi. Ikki ayol birga un tortadi; biri imonsiz bo‘lib, Xudoning g‘azabiga duchor bo‘ladi; ikkinchisi esa Xudoning farzandi bo‘lib, Masih bilan birga Ming yillik Shohlik barakalaridan bahramand bo‘lish uchun qoladi.
Aytgancha, 34 va 35-oyatlar Yerning dumaloq ekanini tasdiqlaydi. Yerning bir qismida tun, boshqa qismida esa kunduz bo‘lishi, yuqorida keltirilgan mashg‘ulotlardan ko‘rinib turibdiki, bu ilmiy faktlar faqat ko‘p yillar o‘tgandan keyin ma’lum bo‘lgan.
17:37 Najotkorning so‘zlaridan shogirdlar Uning ikkinchi kelishi osmondan murtad dunyo ustiga tushadigan halokatli hukm bo‘lishini to‘g‘ri tushunishdi. Shuning uchun ular Rabbimizdan hukm qayerda bo‘lishini so‘rashdi. U murda bor joyda burgutlar ham to‘planadi, deb javob berdi. Burgutlar yoki kalxatlar kelgusi hukmlarni bildiradi. Javobda aytilishicha, qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, Xudoga ishonmaslik va Unga qarshilik ko‘rsatishning har qanday shakli ustidan hukm chiqariladi.
17-bobda Iso Masih shogirdlarini qiyinchiliklar va quvg‘inlar kutayotganidan ogohlantirgan. Uning ulug‘vor zohir bo‘lishi vaqtigacha ular og‘ir sinovlardan o‘tishlari kerak bo‘ladi. Ularni tayyorlash uchun Najotkor ibodatga oid keyingi ko‘rsatmalarni beradi. Keyingi oyatlarda beva ayolning, farziyning, soliqchining va gadoning ibodatlarini o‘qiymiz.