Kitobook.com
AudiokitoblarSimfoniyaGuvohliklarVIDEOUzMusic
KITOBLARAudiokitoblarҲикоялар китобиUZMUSICKINOLAR & MultfimlarNAJOT XABARIXushxabar hikoyalariQaraqalpaqsha KitapUzLatin
MakDonaldning Injil kitobiga o'zbek tilidagi sharhlari

Yuhanno Muqaddas xushxabar: 1Bob

Azərbaycan dilində Müqəddəs Kitab

I. MUQADDIMA: XUDONING O‘G‘LINING BIRINCHI KELISHI (1:1−18).

Yuhanno o‘z Injilini Kalom haqida hikoya qilishdan boshlaydi, ammo darhol Kalom kim yoki nima ekanligini tushuntirmaydi. So‘z - bu til birligi bo‘lib, uning yordamida o‘zimizni ifodalaymiz, boshqalar bilan muloqot qilamiz. Biroq Yuhanno til haqida emas, ko‘proq Inson haqida yozadi.

Bu Inson - Xudoning O‘g‘li Rabbimiz Iso Masihdir. Xudo O‘zini insoniyatga Rabbimiz Iso Masih timsolida to‘liq namoyon etdi. Dunyoga kelgach, Masih bizga Xudoning qiyofasini mukammal tarzda ko‘rsatdi. U biz uchun xochda o‘lib, Xudo bizni qanchalik sevishini anglatdi. Shunday qilib, Masih Xudoning insonga yo‘naltirilgan jonli Kalomi, Xudo fikrlarining ifodasidir.

A. So‘z abadiyat va zamonda (1:1-5)

1:1 Avvalda Kalom bor edi. Uning O‘zi ibtidosiz, balki abadiy mavjud edi. Inson aqli qamrab olishi mumkin bo‘lgan o‘tmishda Hazrati Iso doimo bor edi. U hech qachon yaratilmagan. Uning boshlanishi yo‘q edi. (Injildagi Xudoning O‘g‘li shajarasi bizga kerak bo‘lmasligi mumkin edi.) Va Kalom Xudo bilan birga edi. U alohida va mustaqil Shaxs edi. U shunchaki g‘oya, fikr yoki noaniq namuna emas, balki Xudo bilan yashaydigan haqiqiy Shaxs edi. Kalom esa Xudo edi. U nafaqat Xudoning yonida edi, balki Uning O‘zi ham Xudo edi.

Muqaddas Kitob ta’limoticha, Xudo yagona, lekin U uchta Shaxs - Ota, O‘g‘il va Muqaddas Ruhda bir butundir. Uchala Shaxs ham bitta Xudodir. Ushbu oyatda ikkita Shaxs - Ota Xudo va O‘g‘il Xudo tilga olingan. Bu Injildagi Iso Masih Xudo ekanligi haqidagi ko‘plab aniq ta’kidlarning birinchisidir. Uni Xudoga o‘xshatish yoki ilohiy deyishning o‘zi yetarli emas. Muqaddas Kitob ta’limoticha, U Xudodir.

1:2 2-oyat bir qarashda aytilganlarning oddiy takroriga o‘xshaydi, aslida esa unday emas. Ushbu oyat Masihning shaxsiyati va Uning Ilohiyligi boshlang‘ichga ega emasligini o‘rgatadi. U birinchi marta Baytlahm go‘dagi timsolida Shaxsga aylanmadi. Buning ustiga, U o‘likdan tirilganidan keyin, bugungi kunda ba’zilar o‘rgatganidek, Xudoga aylanmadi. U azaldan Xudodir.

1:3 Hamma narsa U orqali vujudga keldi. U yaratilmagan, balki hamma narsaning Yaratuvchisi bo‘lgan. U insoniyatni, hayvonlarni, samoviy sayyoralarni, farishtalarni - barcha ko‘rinadigan va ko‘rinmaydigan narsalarni yaratdi. Usiz hech narsa vujudga kelmagan. Bu so‘zlar hech qanday istisnoga yo‘l qo‘ymaydi.

Agar hamma narsa yaratilgan bo‘lsa, demak, U tomonidan yaratilgan. Yaratuvchi sifatida U, tabiiyki, O‘zi yaratgan hamma narsaga hukmronlik qiladi. Xudoning uchala shaxsi ham yaratilish jarayonida ishtirok etgan: "Xudo avvalida osmon va yerni yaratdi" (Ibtido 1:1). "Xudoning Ruhi suv ustida aylanib yurardi" (Ibtido 1:2). "Hamma narsa U orqali va U (Masih) uchun yaratilgan" (Kolosaliklar l:16).

1:4 Unda hayot bor edi. Bu Uning nafaqat tirik bo‘lganini, balki hayot manbai bo‘lganini va hozir ham ekanligini anglatadi. So‘z bu yerda ham jismoniy, ham ma’naviy hayotni o‘z ichiga oladi. Tug‘ilganimizda jismoniy hayotga ega bo‘ldik. Yuqoridan qayta tug‘ilganimizda esa, ruhiy hayotga ega bo‘lamiz. Ikkala hayot ham Undandir.

Hayot esa odamlarning nuri edi. U nafaqat bizga hayot baxsh etgan, balki insonlar uchun yorug‘lik hamdir.

U insonga kerakli yo‘nalish va yo‘l-yo‘riq beradi. Axir, yashash boshqa-yu, qanday yashashni bilish, hayotning asl maqsadini tushunish, samoga boradigan yo‘lni bilish boshqa. U bizga hayot bergan va yuradigan yo‘limizni yoritib qo‘ygan Zotdir.

Injilning birinchi bobida Rabbimiz Iso Masihning yettita ajoyib ismi keltirilgan. Uning nomlari: 1) Kalom (1, 14-oyatlar); 2) Nur (5, 7-oyatlar); 3) Xudoning Qo‘zisi (29, 36-oyatlar); 4) Xudoning O‘g‘li (34, 49-oyatlar); 5) Masih (41-oyat); 6) Isroil Podshosi (49-oyat); 7) Inson O‘g‘li (51-oyat). Har biri kamida ikki marta tilga olingan dastlabki to‘rtta ism qo‘llanishda universal bo‘lib tuyuladi. Oxirgi uchta ism, har biri faqat bir marta tilga olingan bo‘lib, Isroilga, Xudoning qadimgi xalqiga tegishli edi.

1:5 Zulmatda nur ham porlaydi. Gunohning paydo bo‘lishi odamlarning ongini xiralashtirdi. Gunoh dunyoni shu ma’noda zulmatga botirdiki, odamlar nafaqat Xudoni bilmadilar, balki uni bilishni ham xohlamadilar. Bu zulmatga Rabbimiz Iso - qorong‘ilikda porlagan nur kirib keldi.

Zulmat uni qamrab ololmadi. Bu, Iso dunyoga kelganida, zulmat uni tushunmaganini anglatishi mumkin. Odamlar Uning aslida kim ekanligini va nima uchun kelganini anglashmasdi. NKJV hoshiyasida berilgan yana bir izoh bor: zulmat uni yengib o‘tolmadi.

Bunday tushunchani ham taklif qilish mumkin: odamlarning rad etishi va ularning dushmanona munosabati haqiqiy nurning porlashiga to‘sqinlik qilolmadi.

B. Yahyo payg‘ambarning xizmati (1:6−8)

1:6 Ushbu oyat Injilni yozgan Yuhannoga emas, balki Yahyo payg‘ambarga taalluqlidir. Yahyo payg‘ambar Rabbimiz Isoning yo‘lini tayyorlovchi sifatida Xudo tomonidan yuborilgan edi. Uning vazifasi Masihning kelishini e’lon qilish va odamlarni Uni qabul qilishga tayyorlashdan iborat edi.

1:7 Bu odam Isoning haqiqatan ham dunyoning Nuri ekanligiga guvohlik berish uchun keldi, toki barcha odamlar U orqali imon keltirsinlar.

1:8 Agar Yahyo e’tiborni o‘ziga qaratishga uringanida, berilgan vazifasiga sodiq bo‘lmagan bo‘lardi. U odamlarga o‘zini emas, Isoni ko‘rsatdi.

D. Xudo O‘g‘lining birinchi kelishi (1:9−18)

1:9 Haqiqiy Nur bor edi. Ko‘p asrlar davomida turli odamlar o‘zlarini yo‘lboshchi va xaloskor deb da’vo qilishgan, ammo Yahyo guvohlik bergan Zot haqiqiy Nur, eng yaxshi va eng asl Nur edi. Bu oyatning boshqa tarjimasi shunday: "Dunyoga kelib, har bir insonga nur beradigan haqiqiy Nur". Boshqacha aytganda, "dunyoga kelayotgan" iborasi har bir odamni emas, balki haqiqiy Nurni tasvirlashi mumkin. Aynan haqiqiy Nurning dunyoga kelishi tufayli har bir inson nurga ega bo‘ldi. Bu har bir kishi Masih haqida qandaydir ichki bilimga ega bo‘ldi degani emas. Bu, barcha odamlar Rabbimiz Iso haqida qachondir eshitgan, degan ma’noni ham anglatmaydi.

Bu, ehtimol, Nurning millati, irqi va terisining rangidan qat’i nazar, barcha insonlar uchun porlab turganini anglatadi. Bu yana shuni anglatadiki, Rabbimiz Iso barcha insonlarni yoritib, ularning asl mohiyatini ochib berdi. Dunyoga mukammal Inson bo‘lib kelib, U boshqa insonlarning qanchalik nomukammal ekanligini ko‘rsatdi. Xona qorong‘u bo‘lganda, mebellardagi changni ko‘rmaysiz. Ammo xonaga yorug‘lik tushganda, u aslida qanday bo‘lsa, shunday ko‘rinadi. Xuddi shuningdek, Haqiqiy Nurning yog‘dusi insonni aslida qanday bo‘lsa, shundayligicha ko‘rsatadi.

1:10 Iso Baytlahmda tug‘ilganidan to osmonga qaytgan kunigacha biz hozir yashayotgan dunyoda bo‘lgan. U butun olamni yaratgan va uning qonuniy Hokimi edi. Odamlar Uni Yaratuvchi deb tan olish o‘rniga, Uni o‘zlariga o‘xshagan oddiy odam deb o‘yladilar. Unga begona va musofir sifatida munosabatda bo‘ldilar.

1:11 U O‘zinikilarga keldi (O‘zinikilarga yoki O‘ziga - NKJV hoshiyasida). U birovning mulkiga daxl qilmadi. Aksincha, U O‘zi yaratgan sayyorada yashadi. Ammo O‘zinikilari Uni qabul qilmadilar. Umuman olganda, bu butun insoniyatga tegishli bo‘lishi mumkin edi; va darhaqiqat, insoniyatning ko‘pchiligi Uni rad etdi. Biroq, tor ma’noda, Uning yer yuzidagi tanlangan xalqi yahudiylar edi. U dunyoga kelib, yahudiylarga O‘zini Masih sifatida namoyon qildi, lekin ular Uni qabul qilmadilar.

1:12 Shunday qilib, endi U yana O‘zini butun insoniyatga taklif qilmoqda va Uni qabul qilganlarga Xudoning farzandi bo‘lish huquqini yoki vakolatini bermoqda. Bu oyat bizga qanday qilib Xudoning farzandi bo‘lishimiz mumkinligini aniq ko‘rsatib beradi. Bunga na ezgu ishlar, na cherkovga a’zo bo‘lish, na qo‘limizdan kelgancha harakat qilish olib keladi - faqat bitta narsa kerak: Uni qabul qilish, Uning nomiga imon keltirish.

1:13 Jismonan farzand bo‘lish uchun tug‘ilish kerak. Xuddi shuningdek, Xudoning farzandi bo‘lish uchun qayta tug‘ilish lozim. Bu yuqoridan tug‘ilish, yoki murojaat, yoki najot deb ataladi. Bu oyat bizga yuqoridan tug‘ilishga olib bormaydigan uchta yo‘lni va unga erishishning yagona usulini ko‘rsatadi. Avval, yuqoridan tug‘ilishga olib kelmaydigan uchta yo‘l: Qondan emas. Bu shuni anglatadiki, ota-onasi masihiy bo‘lgan odam nasldan masihiy bo‘lmaydi. Najot ota-onadan bolaga qon orqali o‘tmaydi. Tananing xohishidan emas. Boshqacha aytganda, inson o‘z tanasining sa’y-harakatlari bilan yuqoridan tug‘ila olmaydi. Ya’ni, garchi u najot topishni istasa-da, buning uchun uning o‘z istagi yetarli emas. Erkakning xohishidan emas.

Hech bir inson boshqa insonga najot bera olmaydi. Misol uchun, voiz ma’lum bir odamning yuqoridan tug‘ilishini juda xohlashi mumkin, ammo u bu ajoyib tug‘ilishni berishga qodir emas. Xo‘sh, bu tug‘ilish qanday sodir bo‘ladi? Javobni quyidagi so‘zlarda topamiz: "Lekin Xudodan tug‘ilganlar". Bu shuni anglatadiki, insonni yangi hayotga qaytarishga qodir bo‘lgan kuch nimadadir yoki kimdadir emas, balki Xudodadir.

1:14 Iso Baytlahmda chaqaloq qiyofasida tug‘ilganida, Kalom tanaga aylandi. U Xudoning O‘g‘li sifatida doimo osmonda Otasi bilan birga bo‘lib, endi inson tanasida dunyoga keldi. U biz bilan birga yashadi. Uning kelishi qisqa muddatli emas edi, chunki bu qandaydir xato yoki tushunmovchilikka sabab bo‘lishi mumkin edi. Xudo haqiqatan ham bu yerga keldi va odamlar orasida Inson sifatida yashadi. "Yashadi" so‘zi "chodirda yashadi" yoki "chodirini tikdi" degan ma’noni anglatadi. Uning tanasi o‘ttiz uch yil davomida odamlar orasida yashagan "chodir" edi.

Biz Uning ulug‘vorligini ko‘rdik. Muqaddas Kitobda "shon-shuhrat" so‘zi ko‘pincha Xudoning huzurida ko‘rinadigan yorqin, porloq nurni anglatadi. Shuningdek, Xudoning mukammalligi va muqaddasligini ham bildiradi.

Iso yer yuzida yashaganida, O‘z shon-shuhratini inson tanasida yashirdi.

Ammo Uning ulug‘vorligi ikki yo‘l bilan namoyon bo‘ldi. Birinchidan, Unda axloqiy ulug‘vorlik bor edi. Bu bilan biz Uning mukammal hayoti va xulqining porlashini nazarda tutamiz. Unda hech qanday nuqson yoki jismoniy kamchilik yo‘q edi. U har jihatdan mukammal edi. Uning barcha fazilatlari hayotida mutlaq uyg‘unlikda namoyon bo‘ldi. Keyin, O‘zgarish tog‘ida Uning ulug‘vorligi ko‘zga ko‘rinarli tarzda namoyon bo‘ldi (Matto 17:1-2). O‘sha paytda Butrus, Yoqub va Yuhanno Uning yuzi quyoshdek porlayotganini va kiyimlari nurdek oppoq bo‘lganini ko‘rdilar. Bu uch shogirdga Hazrati Iso yer yuziga qaytib kelib, ming yil hukmronlik qilganida ega bo‘ladigan barcha ulug‘vorlikni oldindan ko‘rish imkoniyati berildi.

Shubhasiz, Yuhanno aytgan "biz Uning ulug‘vorligini ko‘rdik" degan so‘zlar, avvalo, Hazrati Isoning axloqiy ulug‘vorligiga taalluqlidir. U va boshqa shogirdlar yer yuzida qachonlardir mavjud bo‘lgan eng mukammal hayot mo‘jizasini kuzatishdi. Biroq, Yuhanno O‘zgarish tog‘idagi voqeani ham nazarda tutgan bo‘lishi mumkin. Shogirdlarga ko‘rsatilgan ulug‘vorlik Uning haqiqatan ham Xudoning O‘g‘li ekanligini tasdiqladi. Iso - Otaning yakka-yu yagona O‘g‘li, ya’ni Masih - Xudoning yagona O‘g‘lidir. Xudoning O‘ziga o‘xshagan boshqa o‘g‘li yo‘q edi. Ma’lum ma’noda, barcha haqiqiy imonlilar Xudoning o‘g‘illaridir. Ammo Iso - Xudoning O‘g‘li - o‘z turida yakkadir. U Xudoning O‘g‘li bo‘lgani uchun Xudoga tengdir.

Najotkor inoyat va haqiqatga to‘la edi. Bir tomondan, U loyiq bo‘lmagan odamlarga nisbatan mehr-shafqatga to‘la edi, boshqa tomondan esa, U mutlaqo halol va to‘g‘ri so‘z edi, hech qachon gunohni kechirmagan va yomonlikni ma’qullamagan. Mutlaq rahmdil va ayni paytda mutlaq adolatli bo‘lishni faqat Xudo uddalay oladi.

1:15 Yahyo cho‘mdiruvchi Iso Xudoning O‘g‘li ekanligi haqida guvohlik berdi. Rabbimiz xizmatini boshlashidan oldin, Yahyo U haqda odamlarga xabar bergan edi. Iso xizmatga chiqqanida, Yahyo shunday dedi: "Bu Men aytgan Zot edi..." Isoning tug‘ilishi va xizmatiga kelsak, U Yahyodan keyin keldi. U Yahyo tug‘ilganidan olti oy o‘tib tug‘ildi va Yahyo va’z qilib, suvga cho‘mdirishni boshlaganidan ko‘p o‘tmay Isroil xalqi oldida paydo bo‘ldi. Lekin Iso Yahyodan ustun turdi. U Yahyodan ulug‘roq edi; U faqatgina Yahyodan oldin mavjud bo‘lgani uchun katta sharafga loyiq edi. U, Xudoning O‘g‘li, abadiy mavjud bo‘lgan.

1:16 Rabbimiz Isoga ishongan har bir kishi Uning to‘liqligidan ma’naviy kuch oladi. Uning to‘liqligi shunchalik kattaki, U barcha mamlakatlardagi barcha masihiylarni u bilan ta’minlay oladi. "Inoyat ustiga inoyat" iborasi "inoyat ortidan inoyat" yoki "mo‘l-ko‘l inoyat" ma’nosini anglatishi mumkin. Bu yerda inoyat Xudoning O‘z suyukli farzandlariga ko‘rsatadigan marhamatidir.

1:17 Yuhanno Eski Ahd davrini Yangi Ahd davriga qarshi qo‘yadi. Muso orqali berilgan qonun inoyatning bir ko‘rinishi emas edi. U odamlardan itoatkorlikni talab qilar va uni buzganlarni o‘limga mahkum etar edi.

U odamlarga nima yaxshi ekanligini ko‘rsatar, lekin ularga shunday qilish uchun kuch bermasdi. U odamlarga gunohkor ekanliklarini ko‘rsatish uchun berilgan, ammo ularni gunohdan saqlay olmasdi. Inoyat va haqiqat esa Iso Masih orqali keldi. U dunyoni hukm qilish uchun emas, balki noloyiqlarni, o‘zini qutqara olmaydigan, Unga dushman bo‘lganlarni qutqarish uchun keldi. Bu inoyatdir - yerdagi eng yomon odam uchun osmondagi eng yaxshi ne’mat.

Iso Masih orqali nafaqat inoyat, balki haqiqat ham keldi. U O‘zi haqida: "Men... Haqiqatman", dedi. U barcha so‘zlari va xatti-harakatlarida mutlaqo halol va sodiq edi. U haqiqatdan voz kechmay inoyat ko‘rsatardi. U gunohkorlarni sevardi, lekin ularning gunohlarini yomon ko‘rardi.

U gunohning jazosi o‘lim ekanligini tushunardi. Natijada, U biz loyiq bo‘lgan o‘limni O‘zi qabul qildi. Bu orqali bizga O‘zining cheksiz muhabbatini ko‘rsatdi. Biz bu muhabbatga loyiq emas edik. U bizning jonimizni qutqarish va osmondagi hayotni in’om etishni istardi.

1:18 Xudoni hech kim hech qachon ko‘rmagan. Xudo Ruhdir, shuning uchun U ko‘rinmas. Uning jismoniy tanasi yo‘q. Garchi U Eski Ahdda odamlarga farishta yoki inson qiyofasida zohir bo‘lgan bo‘lsa-da, bu hodisalar Xudoning haqiqatan ham shunday ko‘rinishiga dalil bo‘la olmaydi. Bular Uning O‘z xalqi bilan gaplashishi uchun tanlagan vaqtinchalik ko‘rinishlar edi, xolos. Faqat Rabbimiz Iso - Xudoning yagona O‘g‘li; U Uning yakka-yu yagona O‘g‘lidir. Unga o‘xshash boshqa o‘g‘il yo‘q. (Muqaddas Kitobning NU va NKJV matnlarida "yagona Xudo" deb o‘qiymiz. An’anaviy "yagona O‘g‘il" iborasi aksariyat qo‘lyozmalarga to‘g‘ri keladi, shuningdek, 3:16 ga ham.) U doimo Ota-Xudoga juda yaqin turadi. Hatto Iso bu yerda, yer yuzida bo‘lganida ham, U baribir Otaning bag‘rida edi. U Xudo bilan bir edi va Xudoga teng edi.

Odamlarga Xudo kimligini to‘la-to‘kis ko‘rsatgan Zot muborak bo‘lsin. Odamlar Isoni ko‘rganlarida Xudoni ko‘rdilar. Ular Xudoning so‘zlarini eshitdilar. Ular Xudoning sevgisi va marhamatini his qildilar.

Xudoning maqsadi va insoniyatga bo‘lgan munosabati Masih orqali to‘liq namoyon bo‘ldi.

II. XUDO O‘G‘LINING XIZMATIDAGI BIRINCHI YIL (1:19 - 4:54)

A. Yahyo payg‘ambarning guvohligi (1:19−34)

1:19 O‘zini Yahyo deb atagan odam xalqni tavba qilishga da’vat etayotgani va Masih kelishi kerakligi haqidagi xabar Quddusga yetib kelgach, yahudiylar ruhoniylar va levilardan iborat bir guruhni uning kimligini aniqlash uchun yubordilar. Ruhoniylar ma’badda muhim xizmatni bajarishardi, levilar esa ma’badda umumiy vazifalarni bajaruvchi xizmatchilar edi. Ular Yahyodan: "Sen kimsan? Sen uzoq kutilgan Masihminan?" deb so‘rashdi.

1:20 Boshqa birov bu imkoniyatdan foydalanib, o‘zini Masih deb e’lon qilishi mumkin edi. Lekin Yahyo ishonchli guvoh edi. U Masih emasligini ochiq tan oldi.

1:21−22 Yahudiylar Masih kelishidan oldin Ilyos yer yuziga qaytishini kutishardi (Malaki 4:5). Ular: "Agar Yahyo Masih bo‘lmasa, ehtimol u Ilyosdir", deb o‘ylashdi. Lekin Yahyo u Ilyos emasligiga ishontirdi. Tavrotda (Qonunlar 18:15) Muso shunday degan edi: "Rabbingiz Xudo sizlarga o‘z xalqingizdan, menga o‘xshagan bir payg‘ambar yuborgay. Unga quloq solinglar." Yahudiylar bu bashoratni eslab, Yahyo Muso aytgan o‘sha payg‘ambar bo‘lishi mumkin, deb o‘ylashdi. Biroq Yahyo bunday emasligini yana bir bor ta’kidladi. Delegatsiya aniq javobsiz Quddusga qaytishni istamadi, shuning uchun uning a’zolari Yahyodan yana kim ekanligini so‘rashdi.

1:23 U: "Men sahroda nido qiluvchining ovoziman", dedi. Ularning savoliga javoban, u Ishayo 40:3 dagi bashoratdan iqtibos keltirdi. Bu bashoratda Masihning kelishini e’lon qiladigan o‘tmishdosh paydo bo‘lishi aytilgan edi. Boshqacha aytganda, Yahyo o‘zining bashorat qilingan shaxs ekanligini tasdiqladi. U ovoz edi, Isroil esa sahro edi. Odamlar gunohlari va Xudodan yuz o‘girishlari tufayli sahro kabi qaqragan va mevasiz bo‘lib qolgan edilar. Yahyo o‘zi haqida shunchaki ovoz sifatida gapirardi. U o‘zini maqtash va qoyil qolish kerak bo‘lgan buyuk inson qilib ko‘rsatmadi. U - ko‘rish emas, eshitish kerak bo‘lgan ovoz edi. Yahyo - ovoz, Masih esa - Kalomot edi. Kalom u haqda bilish uchun ovozga muhtoj, ovoz esa kalomsiz hech qanday ma’noga ega emas. Kalom ovozdan cheksiz darajada buyukdir, ammo bu bizning ham imtiyozimiz - Uning ovozi bo‘lishdir.

Yahyo: "Rabbning yo‘lini to‘g‘rilab qo‘yinglar", deb e’lon qildi. Boshqacha qilib aytganda: "Masih kelmoqda. U bilan uchrashishga xalaqit beradigan hamma narsani hayotingizdan chiqarib tashlang. Gunohlaringizdan tavba qilinglar, toki U kelib, Isroil podshosi sifatida sizlarga hukmronlik qilsin."

1:24−25 Farziylar yahudiylardan iborat qat’iy mazhabni tashkil etib, qonunlarni mukammal bilishlari va Eski Ahd amrlarining eng mayda tafsilotlarini keltira olishlari bilan maqtanishardi. Aslida ularning ko‘pchiligi dindorlikni niqob qilib olgan, ammo amalda juda gunohkor hayot kechiradigan ikkiyuzlamachilar edi. Ular, agar Yahyo ular sanab o‘tgan hokimiyat egalaridan biri bo‘lmasa, cho‘mdirish huquqi qayerdan kelganini bilmoqchi edilar.

1:26−27 "Men suvda cho‘mdiraman," dedi Yahyo. U o‘zining ahamiyati haqida hech kim o‘ylashini istamasdi. Uning vazifasi faqatgina odamlarni Masihning kelishiga tayyorlashdan iborat edi. Qachonki tinglovchilari gunohlariga tavba qilsalar, u ularni suvda cho‘mdirar edi. Suvda cho‘mdirish marosimi ularning ichki o‘zgarishini ifodalardi. "Ammo orangizda sizlar tanimaydigan Zot turibdi," deb davom etdi Yahyo, albatta, Isoni nazarda tutib. Farziylar Uni uzoq kutilgan Masih deb tan olishmadi. Aslida Yahyo farziylarga shunday demoqchi edi: "Meni buyuk inson deb o‘ylamanglar. E’tibor berish kerak bo‘lgan Zot - U, chunki U Rabbimiz Iso; biroq sizlar Uning asl kimligini bilmaysizlar".

U e’tiborga loyiq Zotdir. U Yahyo payg‘ambardan keyin kelgan bo‘lsa-da, aynan U har qanday maqtov va ehtiromga loyiqdir. Qul yoki xizmatchiga o‘z xo‘jayinining choriq bog‘ichini yechish vazifasi yuklatilgan. Ammo Yahyo o‘zini Masih uchun shunday kamtarona xizmatni ham bajarishga loyiq deb bilmagan.

1:28 Boshqa manbalarga ko‘ra, Baytavara yoki Baytaniyaning aniq joylashuvi noma’lum. Ammo bu joy Iordan daryosining sharqiy qirg‘og‘ida joylashganini bilamiz. Faraz qilaylik, bu Baytaniya edi, lekin u Quddus yaqinidagi Baytaniya emas edi.

1:29 Quddusdan kelgan farziylar bilan suhbatdan keyingi kuni, Yahyo qarab, o‘ziga tomon kelayotgan Isoni ko‘rdi. Bu voqeadan hayajonlanib, u xitob qildi: "Mana, dunyoning gunohini O‘z zimmasiga oladigan Xudoning Qo‘zisi!" Yahudiylarda qo‘zi qurbonlik hayvoni hisoblangan. Xudo O‘zining tanlangan xalqiga qurbonlik uchun qo‘zi so‘yishni va uning qonini atrofga sepishni buyurgan edi. Qo‘zi o‘rinbosar sifatida o‘lar, uning qoni gunohlarni kechirish uchun to‘kilardi.

Biroq Eski Ahd davrida so‘yilgan hayvonlarning qoni gunohni yo‘q qilmas edi. O‘sha qo‘zilar ramziy edi: ular bir kun kelib Xudo haqiqatan ham barcha gunohlarni yuvadigan Qo‘zini yuborishiga ishora qilardi. Ko‘p yillar davomida dindor yahudiylar bu Qo‘zining kelishini kutishgan. Nihoyat, o‘sha payt keldi va Yahyo payg‘ambar haqiqiy Xudoning Qo‘zisi kelganini tantanali ravishda e’lon qildi.

U Iso dunyo gunohini O‘z zimmasiga olishini aytganida, bu bilan barcha gunohlar kechiriladi, degan ma’noni anglatmagan. Garchi Masihning o‘limi butun dunyo gunohlari uchun yetarli to‘lov bo‘lsa-da, faqat Rabbimiz Isoni o‘z Najotkorlari sifatida qabul qilgan gunohkorlargina kechirim topadilar.

J. S. Jons ta’kidlashicha, bu oyatda masihiylikning gunohlarni yuvishning barcha o‘ziga xosligi bayon etilgan:

1. U TABIATI jihatidan boshqa barcha qurbonliklardan ustun turadi. Agar yahudiylikda qurbonlik uchun ongsiz qo‘zilar xizmat qilgan bo‘lsa, masihiylikda qurbonlik uchun Xudoning Qo‘zisi xizmat qilgan.

2. U SAMARADORLIGI bo‘yicha boshqa barcha qurbonliklardan ustun turadi. Agar yahudiylikda qurbonliklar har yili gunohni eslatgan bo‘lsa, masihiylikda qurbonlik gunohlarni bartaraf etgan. "U... gunohni yo‘q qilish uchun O‘z qurbonligi bilan keldi".

3. U TA’SIR KO‘LAMI bo‘yicha boshqa barcha qurbonliklardan ustun turadi. Agar yahudiylarning qurbonliklari faqat bir xalqning imtiyozi bo‘lsa, masihiylikda qurbonlik barcha xalqlar uchun mo‘ljallangan: "...dunyoning gunohini O‘z zimmasiga oladi". (J. Sinddilan Jons, Yuhannoning Xushxabariga doir tadqiqotlar, 103-bet.) John, p.

1:30−31 Yahyo odamlarga faqat o‘zidan ulug‘ Zotga yo‘l tayyorlayotganini eslatishdan charchamagan. Xuddi Xudo insondan ulug‘ bo‘lgani kabi, Iso ham Yahyodan ulug‘roq edi. Yahyo Isodan bir necha oy oldin tug‘ilgan bo‘lsa-da, Iso abadiy mavjud bo‘lgan. Yahyo: "Men Uni tanimasdim", deganida, Isoni hech qachon ko‘rmaganini nazarda tutmagan.

Yahyo va Iso amakivachcha bo‘lib, ehtimol ular bir-birlarini yaxshi bilishgan. Ammo Yahyo o‘z amakivachchasining Masih ekanligini U suvga cho‘mgunicha anglamagan edi.

Yahyoning vazifasi Rabbimiz uchun yo‘l tayyorlash va U kelgandan so‘ng Isroil xalqiga Uni ko‘rsatishdir. Shu sababli, Yahyo odamlarni suvga cho‘mdirgani o‘z tomoniga shogird orttirish uchun emas, balki ularni Masihning kelishiga tayyorlash uchun edi.

1:32 Bu yerda Yahyo Isoni Iordanda suvga cho‘mdirgan payt haqida gap ketyapti. Rabbimiz suvdan chiqqan lahzada, Xudoning Ruhi kabutar kabi tushib, Uning ustida qoldi (Matto 3:16). Keyin muallif bu hodisaning ahamiyatini tushuntirishda davom etadi.

1:33 Xudo Yahyoga Masihning kelganini ko‘rsatdi va U kelgach, Ruh Uning ustiga tushib, unda qoldi. Shunday qilib, Iso bilan sodir bo‘lgan voqeadan so‘ng, Yahyo o‘z oldida Muqaddas Ruh bilan cho‘mdiradigan Zot turganini angladi. Muqaddas Ruh - Shaxs, Uchlikning uchta Shaxsidan biri. U Ota-Xudo va O‘g‘il-Xudoga tengdir.

Yahyo suv bilan cho‘mdirdi, Iso esa Muqaddas Ruh bilan cho‘mdiradi. Muqaddas Ruh bilan cho‘mish Hosil bayramida sodir bo‘ldi (Havoriylar 1:5; 2:4,38). O‘shanda Muqaddas Ruh har bir imondorda bo‘lish uchun osmondan tushib, ularni Jamoatning, ya’ni Masih tanasining a’zolariga aylantirdi (1 Korinfliklar 12:13).

1:34 Yahyo Isoni suvga cho‘mdirish paytida ko‘rgan narsalariga asoslanib, Iso Nosirlik dunyoga kelishi bashorat qilingan Xudoning O‘g‘li ekanligiga ishonch bilan guvohlik berdi.

Yahyo Masih Xudoning O‘g‘li deganida, U Xudo O‘g‘li ekanini nazarda tutgan.

B. Andrey, Yuhanno va Butrusning murojaati (1:35−42)

1:35−36 Bu yerda tilga olingan keyingi kun - uchinchi kun edi. Yahyo ikki shogirdi bilan birga edi. Bu odamlar Yahyoning va’zini eshitib, uning so‘zlariga ishonishgan. Lekin ular hali Rabbimiz Isoni uchratmagan edilar. Endi Yahyo hammaga Rabbimiz to‘g‘risida guvohlik berardi. Bir kun oldin u Uning shaxsiyati (Xudoning Qo‘zisi) va vazifasi (dunyoning gunohini O‘z zimmasiga oluvchi) haqida gapirgan edi. Endi u faqat Uning shaxsiyatiga e’tiborni qaratdi. Uning xabari qisqa va sodda edi, u o‘zini emas, faqat Najotkorni ulug‘lardi.

1:37 Yahyo o‘zining haqiqatgo‘y va’zi tufayli ikkita shogirdini yo‘qotgan bo‘lsa-da, ularning Isoga ergashganini ko‘rib, mamnun bo‘ldi. Bu biz uchun saboqdir: do‘stlarimiz biz haqimizda yuqori fikrda bo‘lib, bizga emas, balki Rabbimizga ergashishlari haqida ko‘proq qayg‘urishimiz kerak.

1:38 Najotkor har doim Unga ergashganlarga e’tiborsiz emas. Bu yerda U ikki shogirdiga murojaat qilib: "Sizlarga nima kerak?" - deb so‘radi. U savolning javobini bilardi. U hamma narsani bilardi. Lekin U ularning istaklarini so‘zlar bilan ifoda etishlarini xohlardi. Ularning: "Ustoz, qayerda yashaysan?" degan javobi Rabbimiz bilan shunchaki uchrashishning o‘zi ularni qoniqtirmasligini ko‘rsatdi. Ular U bilan muloqotda bo‘lishga intildilar. "Ustoz" yahudiycha "ravviy" so‘zining tarjimasi bo‘lib, "mening ustozim" degan ma’noni anglatadi.

1:39 U ularga: "Boringlar va ko‘ringlar," - dedi. Ular Najotkor haqida ko‘proq bilishni chin dildan xohlashgani uchun taklifni qabul qilishdi. Iso ikkovini O‘zi yashayotgan joyga taklif qildi. Ehtimol, zamonaviy uylar bilan solishtirganda, bu turar joy juda oddiy bo‘lgan.

Ular borib Isoning qayerda turganini ko‘rishdi va o‘sha kuni Uning huzurida qolishdi. (Soat o‘nlar chamasi edi.) Bu odamlar hech qachon bunday sharafga muyassar bo‘lmagan edilar. Ular o‘sha kecha koinotning Yaratuvchisi yashagan uyda tunashdi. Ular Masihni tan olgan yahudiy xalqining eng dastlabki vakillari bo‘lishdi.

O‘ninchi soat tushgacha bo‘lgan o‘n soat yoki tushdan keyingi to‘rt soat bo‘lishi mumkin. Odatda, qadimgi rim vaqtiga ko‘ra, ertaroq vaqt nazarda tutiladi.

1:40 Ikki shogirddan biri Andrey edi. Andrey bugungi kunda ukasi Simun Butrus kabi mashhur bo‘lmasa-da, u Isoni birinchi bo‘lib uchratgani e’tiborga loyiqdir.

Ikkinchisining ismi aytilmagan, ammo deyarli barcha Muqaddas Kitobni o‘rganuvchilar bu Injilni yozgan Yuhanno deb hisoblashadi. Ularning fikricha, kamtarin va kamsuqum bo‘lgani uchun Yuhanno o‘z ismini tilga olmagan.

1:41 Odam Isoni topganida, odatda qarindoshlari ham U bilan uchrashishini istaydi. Najot shunday yaxshi narsaki, uni faqat o‘zi uchun saqlab qo‘yib bo‘lmaydi. Shu bois, Andrey darhol akasi Simunning oldiga borib: "Biz Masihni topdik!" dedi. Qanday ajoyib xabar! Kamida to‘rt ming yil davomida odamlar va’da qilingan Masihni, ya’ni Xudoning Moy surtilganini kutishgan edi. Mana endi Simun o‘z akasining og‘zidan Masih yonlarida ekanligi haqidagi hayratlanarli xabarni eshitmoqda. Ular haqiqatan ham tarix yaratilayotgan davrda yashayotgan edilar. Andreyning xabari naqadar oddiy edi. Atigi uchta so‘z: "Biz Masihni topdik," ammo Xudo ulardan Butrusni jalb qilish uchun foydalandi. Bu oyat bizga buyuk voiz yoki mohir notiq bo‘lish shart emasligini o‘rgatadi. Biz odamlarga Rabbimiz Iso haqida oddiy so‘zlar bilan xabar berishimiz kerak, qolganini esa Xudo O‘zi hal qiladi.

1:42 Andrey ukasini kerakli joyga va kerakli Insonning oldiga olib bordi. Uni cherkovga yoki ruhoniyning oldiga olib bormadi, diniy ta’limotni tushuntirmadi. Uni Isoning huzuriga olib keldi. Bu qanchalik muhim ish! Andreyning qiziqishi tufayli, Simun keyinchalik buyuk "odamlarni ovlovchi" bo‘lib, Rabbining dastlabki havoriylaridan biriga aylandi. Simon akasidan ko‘ra mashhurroq, ammo Andrey, shubhasiz, Butrus bilan umumiy mukofotni baham ko‘rdi, chunki aynan u Butrusni Isoning oldiga olib kelgan edi. Garchi hech kim Simunni Unga tanishtirmagan bo‘lsa-da, Rabbimiz uning ismini bilardi. Shuningdek, U Simunning fe’l-atvori beqaror ekanini bilardi. Va nihoyat, U Simunning xarakteri shunchalik o‘zgarib, toshdek mustahkam bo‘lishini bilardi.

Iso bularning barchasini qanday bilgan?

Javob bitta: U Xudo edi va shundayligicha qoladi. Simunning ismi o‘zgarib, u Kifa (oromiy tilida "tosh" degan ma’noni anglatadi) deb atala boshlandi va u haqiqatan ham kuchli xarakterli insonga aylandi, ayniqsa Rabbimizning ko‘tarilishi va Muqaddas Ruhning nozil bo‘lishidan so‘ng.

D. Filipp va Nafanailning da’vat etilishi (1:43−51)

1:43 Bu birinchi bobda o‘qiyotganimiz to‘rtinchi kun. Genri Bosh ta’kidlaganidek, birinchi kuni biz faqat Yahyoni ko‘ramiz (15−28-oyatlar); ikkinchi kuni - Yahyo va Isoni (29-34-oyatlar); uchinchi kuni Iso va Yahyoni ko‘ramiz (35-42-oyatlar); va to‘rtinchi kuni faqat Isoni ko‘ramiz (43-51-oyatlar). Rabbimiz shimolga, Jalila deb atalgan hududga yo‘l oldi. U yerda Filipni topib, unga ergashishni taklif qildi: "Ortimdan yur!" Bu ulug‘ so‘zlar, chunki ularni U aytgan, ular yana shu jihatdan ulug‘ki, eshitgan kishiga katta sharaf beradi. Najotkor hozir ham yer yuzidagi barcha odamlarga ana shu sodda, ammo yuksak da’vatni yo‘llamoqda.

1:44 Vifsaida - Jalila dengizi qirg‘og‘idagi shahar. Dunyoda bunday sharafga muyassar bo‘lgan shaharlar ko‘p emas. Rabbimiz u yerda o‘zining bir qator qudratli mo‘jizalarini amalga oshirgan (Luqo 10:13). Bu Filipp, Andrey va Butrusning ona shahri edi. Biroq, bu shahar Najotkorni rad etdi va oqibatda shunchalik vayron bo‘ldiki, endi biz uning aniq joylashuvini aniqlay olmaymiz.

1:45 Filip topgan quvonchini boshqa birov bilan baham ko‘rmoqchi bo‘lib, borib Nafanailni izladi. Yangi iymonga kirganlar eng yaxshi qalb ovlovchilaridir. Uning xabari sodda va mazmunli edi. U Nafanailga Muso va payg‘ambarlar va’da qilgan Masihni - Nosiralik Isoni topganini aytdi. Aslida, uning xabari unchalik aniq emas edi. U Isoni Yusufning o‘g‘li deb atadi. Iso esa bokira Maryamdan tug‘ilgan bo‘lib, insoniy otasi yo‘q edi. Yusuf Isoni o‘z o‘g‘lidek qabul qilgan, ammo Uning haqiqiy otasi emas edi. Jeyms S. Styuart shunday izohlaydi:

"Masih hech qachon boshidanoq so‘zsiz imonni talab qilmagan. Uning shogirdlarini e’tiqodlari mukammal bo‘lmagani uchun ortga qaytarish odati yo‘q edi. Shubhasizki, U bugun ham bunday yo‘l tutmaydi. U birodarlarining yonida. Ularga har qanday bosqichda O‘ziga qo‘shilishni taklif qiladi. U ularni O‘ziga taqdim eta oladigan imon bilan qabul qiladi. U buni boshlanish deb biladi; va shu nuqtadan U O‘z do‘stlarini oldinga, xuddi birinchi guruhni yetaklaganidek, asta-sekin, qadam-baqadam, O‘zining kimligi haqidagi yashirin sirga va shogirdlikning buyuk ulug‘vorligiga olib boradi." (James S. Stewart, The Life and Teaching of Jesus Christ, 66-67-betlar.)

1:46 Nafanail oldida muammo paydo bo‘ldi. Jalilada Nosiradan nafratlanishardi. Unga Masihning bunday yomon joyda yashashi mumkin emasdek tuyuldi. Shu bois o‘zini qiynayotgan savolni berdi. Filipp bahslashmadi. U e’tirozlarga eng yaxshi javob odamlarni bevosita Rabbimiz Isoga ro‘para qilish ekanligini tushundi (bu Masih uchun boshqa odamlarni jalb qilmoqchi bo‘lganlar uchun qimmatli saboq). Bahslashishning hojati yo‘q. Uzoq munozaralarga kirishishning keragi yo‘q. Shunchaki odamlarga kelib ko‘rishni taklif qilish kifoya.

1:47 Ushbu oyat Iso hamma narsani bilganini tasdiqlaydi. U Nafanail bilan oldindan tanish bo‘lmay turib, uning chinakam isroillik ekanini va unda makr yo‘qligini e’lon qildi. Yoqub unchalik to‘g‘ri odam emas edi, ammo Nafanail Yoqubga o‘xshamaydigan isroillik edi.

1:48 Nafanail, mutlaqo notanish odam u bilan xuddi taniyotgandek gaplashayotganidan hayron bo‘lgan bo‘lsa kerak.

Chamasi, u anjir daraxti tagida o‘tirganida odamlarning nazaridan butunlay yashiringan edi. Shubhasizki, daraxtning osilib turgan shoxlari va atrofdagi yashillik uni ko‘zdan to‘sgan. Garchi u yaxshilab yashiringan bo‘lsa-da, Iso uni ko‘rib turardi.

1:49 Hazrati Iso odamlarning ko‘zidan yashirin narsalarni ko‘ra olish qobiliyatiga ega edi va bu haqiqat Nafanailni bunday bilim Unga g‘ayritabiiy tarzda berilgan bo‘lishi mumkinligiga ishontirdi. Har holda, u endi Iso Xudoning O‘g‘li va Isroilning Podshohi ekanini bilardi.

1:50 Rabbimiz Nafanailga O‘zining Masih ekanligini ko‘rsatuvchi ikkita dalil keltirdi. U Nafanailning tabiatini ta’riflab, uni hech kim ko‘ra olmaydigan paytda ko‘rganini aytdi. Shu ikki dalil Nafanail uchun yetarli bo‘ldi va u imon keltirdi. Shundan so‘ng, Rabbimiz Iso unga bundan-da ulug‘roq dalillarni ko‘rishini va’da qildi.

1:51 Iso har safar: "Haq, haq sizlarga aytamanki" (aslida "Omin, omin") deya so‘z boshlaganida, nihoyatda muhim gapni aytmoqchi bo‘lardi. (Faqat Yuhanno "haq, haq" deb yozadi. Boshqa havoriylar Rabbimizning iborasini qisqartirganday, biz "haq" deb o‘qiymiz.) Bu yerda U Nafanailga kelajakda qaytib kelib, butun yer yuzini boshqarishini tasvirlab berdi. O‘shanda dunyo nazaridan qolgan Nosira shahrida yashagan duradgorning O‘g‘li aslida Xudoning O‘g‘li va Isroilning Podshohi ekanini bilib oladi. O‘sha kuni osmonlar ochiladi. Xudoning marhamati Shohga yog‘iladi, chunki U hukmronlik qilmoqda, Quddus esa Uning Saltanatining poytaxti bo‘ladi.

Ehtimol, Nafanail Yoqubning narvoni haqidagi voqeani (Ibtido 28:12) eslab o‘ylagan bo‘lsa kerak. Farishtalar chiqib-tushayotgan bu narvon unga osmonga olib boradigan yagona yo‘l bo‘lmish Iso Masihning ramzi bo‘lib ko‘ringan. Xudoning farishtalari Inson O‘g‘liga goh ko‘tarilib, goh tushib turadilar. Farishtalar Xudoning xizmatkori bo‘lib, Uning topshiriqlarini bajarish uchun olov tillari kabi harakat qiladilar. Iso taxtga o‘tirganida, farishtalar osmondan yerga uchib, Uning irodasini amalga oshiradilar.

Iso Nafanailga uning Masihlikning arzimas alomatlarinigina ko‘rganini aytdi. Kelgusidagi Masih Saltanatida u Rabbimiz Isoni Xudoning moy surtilgan O‘g‘li sifatida to‘la-to‘kis ko‘radi. O‘shanda butun insoniyat Nosiradan ham ezgu zot chiqishi mumkinligini anglab yetadi.

Muqaddas Kitob ONLINE

1 Azalda Kalom bor edi. Kalom Xudo bilan birga edi, Kalom — Xudo edi.
2 Azalda U Xudo bilan birga edi.
3 Butun borliq Kalom orqali yaratilgan, Usiz yaratilgan biron narsa mavjud emas.
4 Kalom — hayot manbayi edi, Bu hayot insonlarning Nuri edi.
5 Nur zulmatda porlaydi, Zulmat esa Nurni yengolmadi.
6 Xudo Yahyo ismli bir odamni yubordi.
7 Yahyo Nur haqida shahodat qilgani kelgan edi, toki hamma uning shahodati orqali imon keltirsin.
8 Uning o‘zi Nur emas edi, u faqat Nur haqida shahodat qilgani kelgandi.
9 Har bir odamni yoritadigan haqiqiy Nur dunyoga kelayotgan edi.
10 Ha, Kalom dunyoda edi, Dunyo U orqali yaratilgandi, Biroq dunyo Uni tanimadi.
11 U O‘z yurtiga keldi, Lekin O‘z xalqi Uni qabul qilmadi.
12 Uni qabul qilganlarning hammasiga esa, Unga imon keltirganlarga, U Xudoning farzandi bo‘lish huquqini berdi.
13 Ular na tana xohishidan, Na er xohishidan, Tabiiy yo‘l bilan emas, Balki Xudodan tug‘ilgan farzandlardir.
14 Kalom inson bo‘ldi, Oramizda yashadi. U inoyat va haqiqatga to‘lgandi. Biz esa Uning ulug‘vorligini ko‘rdik. Bu ulug‘vorlik Otadan kelgan yagona O‘g‘ilga mansub edi.
15 Yahyo U haqda guvohlik berib, baland ovozda dedi: — Mening ketimdan kelayotgan Zot mendan ulug‘dir, chunki U mendan oldin mavjud bo‘lgan, deb mana shu Kishi haqida aytgan edim.
16 Uning cheksiz inoyati tufayli Biz hammamiz baraka ustiga baraka oldik.
17 Xudo qonunniMuso orqali berdi, Inoyat va haqiqatni esa U Iso Masih orqali ko‘rsatdi.
18 Hech kim hech qachon Xudoni ko‘rgan emas, Ota bag‘ridagi, aslida Xudo bo‘lgan yagona O‘g‘il, Uni bizga tanitdi.
19 Quddusdagiyahudiylar Yahyoning oldiga ruhoniylarni va levilarni yubordilar. Ular kelib, Yahyodan: — Sen kimsan? — deb so‘radilar. Yahyo javob berishdan bosh tortmadi. U shahodat berib, ochiq–oydin:
20 — Men Masih emasman, — deb aytdi.
21 Yana undan: — Bo‘lmasa kimsan? Ilyosmisan? — deb so‘radilar. — Yo‘q! — dedi u. — Biz kutayotgan payg‘ambarmisan? — deb savol berdilar. U yana: — Yo‘q! — deb javob berdi.
22 — Unda kimsan? Bizni yuborganlarga javob berishimiz kerak. Sen o‘zing haqingda nima deysan? — deb so‘radilar.
23 — Ishayo payg‘ambar aytganiday: “Egamizga to‘g‘ri yo‘l oching”, deb sahroda yangrayotgan ovoz menman, — dedi Yahyo.
24 Farziylar tomonidan yuborilgan bu odamlar
25 Yahyoga dedilar: — Modomiki sen Masih ham, Ilyos ham, biz kutgan payg‘ambar ham emas ekansan, nega xalqni suvga cho‘mdirib yuribsan?
26 Yahyo ularga javoban shunday dedi: — Men odamlarni suvga cho‘mdiryapman, xolos. Lekin orangizda sizlar tanimaydigan bir Zot bor.
27 U mening orqamdan kelyapti, shunday bo‘lsa–da, men Uning chorig‘i iplarini yechishga ham arzimayman.
28 Bu hodisa Iordan daryosining sharqiy qirg‘og‘idagi Baytaniya qishlog‘ida yuz bergan edi. Yahyo o‘sha yerda odamlarni suvga cho‘mdirib yurardi.
29 Ertasi kuni Yahyo Isoning yaqinlashib kelayotganini ko‘rib, shunday dedi: “Ana, Xudoning Qo‘zisi! U dunyoni gunohdan poklaydi!
30 Men ana shu Kishi haqida: “Mening ketimdan kelayotgan Zot, mendan ulug‘dir. Chunki U mendan oldin mavjud bo‘lgan”, deb aytgan edim.
31 Men Uning kimligini bilmas edim. Lekin Uni Isroil xalqiga tanitish maqsadida, men odamlarni suvga cho‘mdirgani keldim.”
32 Yahyo yana shunday shahodat berib dedi: — Men Ruhning osmondan kaptarday uchib kelganini va Uning ustiga qo‘nganini ko‘rdim.
33 O‘sha paytgacha men Uning kimligini bilmas edim. Lekin “Odamlarni suvga cho‘mdirasan”, deb meni yuborgan Xudo menga shunday degan edi: “Muqaddas Ruh kimning ustiga tushib qo‘nganini ko‘rsang, bilki, Muqaddas Ruhga Cho‘mdiruvchi O‘shadir.”
34 Men buni ko‘rdim va sizlarga “Bu — Xudoning O‘g‘lidir”, deb aytyapman.
35 Ertasi kuni Yahyo shogirdlarining ikkitasi bilan yana kechagi joyda edi.
36 U o‘tib ketayotgan Isoga qarab: — Ana, Xudoning Qo‘zisi! — dedi.
37 Ikkala shogird Yahyoning bu so‘zlarini eshitib, Isoning orqasidan ergashib borishdi.
38 Iso o‘girilib, ularning ergashib kelayotganini ko‘rdi–da, ulardan: — Sizlarga biron narsa kerakmi? — deb so‘radi. — Ravviy, Siz qayerda turasiz? — deyishdi ular. (“Ravviy” ustoz demakdir).
39 — Yuringlar, ko‘rasizlar, — dedi Iso. Ular borib, Isoning turar joyini ko‘rganlarida, soat to‘rt bo‘lib qolgan edi. Shuning uchun ular o‘sha kuni Iso bilan qolishdi.
40 Yahyodan Iso haqida eshitib, Unga ergashganlardan biri Idris edi. Idris — Shimo‘n Butrusning ukasi edi.
41 U darrov akasi Shimo‘nni topdi–da, unga: — Biz Masihni topdik, — dedi. (Masih “Xudoning Tanlagani” demakdir.)
42 Idris akasini Isoning oldiga olib keldi. Iso unga qarab dedi: — Sen Yuhanno o‘g‘li Shimo‘nsan. Sening isming Kifa bo‘ladi (Kifa yunonchada — Butrus, ya’ni “Tosh” demakdir).
43 Ertasi kuni Iso Jalilaga bormoqchi bo‘ldi. U Filipni uchratib, unga: — Ortimdan yur! — dedi.
44 Filip Baytsayda shahridan bo‘lib, Idris va Butrusning hamshahari edi.
45 Filip Natanilni topib, unga dedi: — Muso Tavrot kitobida, boshqa payg‘ambarlar esa o‘zlarining bitiklarida bir Zot to‘g‘risida yozishgan edi. Biz o‘sha Zotni topdik. U Nosira shahridan, Yusuf o‘g‘li Iso ekan!
46 — Nosira shahridan? U yerdan biron yaxshilik chiqarmidi?! — dedi Natanil unga. — Yur, ko‘rasan! — dedi unga Filip.
47 Iso yaqinlashib kelayotgan Natanilni ko‘rib, u haqda shunday dedi: — Ana Isroilning haqiqiy avlodi. U hiyla degan narsani bilmaydi.
48 Natanil Isodan so‘radi: — Siz meni qayerdan taniysiz? — Filip seni chaqirmasidan oldin, sen anjir daraxtining tagida eding. Men seni o‘sha yerda ko‘rgan edim, — deb javob berdi Iso.
49 Shunda Natanil dedi: — Ustoz, Siz Xudoning O‘g‘lisiz! Isroilning Shohisiz!
50 Iso unga javoban dedi: — Men senga: “Seni anjir daraxti tagida ko‘rdim”, deganim uchungina ishonyapsan. Sen bundan ham buyuk ishlarni ko‘rasan!
51 So‘ng yana shunday deb qo‘shib qo‘ydi: — Sizlarga chinini aytayin: sizlar osmon ochilganini va Xudoning farishtalari Inson O‘g‘li oldiga tushib–chiqayotganini ko‘rasizlar.