VII. XUDO O‘G‘LINING O‘Z TANLANGANLARIGA XIZMAT QILISHI (12-17-boblar)
A. Iso Baytaniyada moylangan (12:1−8)
12:1 Baytaniyadagi uy Iso uchun eng sevimli joy edi. U yerda Iso Lazar, Maryam va Marfa bilan yoqimli suhbatdan bahramand bo‘lardi. O‘sha paytda Baytaniyaga kelishi bilan, insoniy nuqtai nazardan, o‘zini xavf ostiga qo‘ygan edi, chunki yaqin atrofdagi Quddusda unga qarshi chiqqan barcha kuchlarning markazi joylashgan edi.
12:2 Garchi ko‘pchilik Isoga dushmanlik kayfiyatida bo‘lsa-da, baribir, Unga chinakam ishonch bilan to‘la bo‘lgan bir necha qalb topildi. Lazar Rabbiy bilan yonma-yon yotganlardan biri edi, Marfa esa ularga xizmat qilardi. Muqaddas Bitiklarda Lazarning o‘lganidan to tirilgunicha ko‘rgan va eshitgan narsalari haqida hech narsa aytilmagan. Ehtimol, Xudo unga bunday ma’lumotlarni oshkor qilishni man etgandir.
12:3 Injilda bir ayol Rabbiy Isoni moylaganining bir nechta holatlari qayd etilgan. Ularning hech biri boshqalari bilan to‘liq mos kelmasa-da, bu yerda tasvirlangan voqea Markda tasvirlangan voqea bilan deyarli bir xil deb hisoblashadi (14:3-9). Maryamning Masihga bo‘lgan sadoqati uni nard moyining bir funtini olib, Uning oyoqlariga surtishga undadi. Bu bilan u Masihga beradigan hech qanday qimmatbaho narsasi yo‘qligini ko‘rsatdi. U biz ega bo‘lgan va mavjud bo‘lgan barcha narsaga loyiqdir. Har safar Maryamni uchratganimizda, u Isoning oyoqlari oldida bo‘ladi. Bu holatda u sochlari bilan Uning oyoqlarini artayotgan edi. Ayolning sochlari uning shon-shuhrati bo‘lgani uchun, u aslida o‘z shon-shuhratini Uning oyoqlari ostiga qo‘ydi. Tabiiy ravishda, o‘shandan keyin birmuncha vaqtgacha Maryamning o‘zi ham moyning xushbo‘y hidini olib yurdi. Shunday qilib, Masihga sig‘inuvchi mo‘minlar o‘sha lahzaning muattar hidlarini o‘zlariga singdiradilar. Hech bir xonadon Isoga munosib joy ajratilgan uychalik yoqimli hidga to‘la emas.
12:4−5 Bu yerda nafsning bu qadar muqaddas narsaga aralashgani ko‘rinib turibdi. O‘z Ustozi Isoga xiyonat qilmoqchi bo‘lgan kishi qimmatbaho moyning bu tarzda sarflanishiga chiday olmasdi.
Yahudo Iso uch yuz dinorga arzimaydi, deb o‘ylardi. Uningcha, moyni sotib, pulini kambag‘allarga tarqatish kerak edi. Lekin bu ochiq-oydin munofiqlik edi. U kambag‘allarga Rabbiydan ko‘ra ko‘proq g‘amxo‘rlik qilmasdi. U uch yuz dinor emas, balki uning o‘ndan biri evaziga xiyonat qilmoqchi edi. Rayl to‘g‘ri ta’kidlaydi:
"Uning uch yil davomida Masihga shogird bo‘lib ergashishi, Uning barcha mo‘jizalarini ko‘rishi, ta’limotini eshitishi, Uning qo‘lidan doimo ehsonlar olishi, havoriy deb tan olinishi va oxir-oqibat yuragining tubigacha chirib ketishi - bularning barchasi bir qarashda aql bovar qilmaydigan va imkonsizdek tuyuladi! Ammo Yahudo bilan sodir bo‘lgan voqea buni yaqqol ko‘rsatmoqda. Ehtimol, hech narsa insonning tushkunlik darajasidek zaif anglanmasa kerak." (Ryle, John, II: 309, 10.)
12:6 Yuhanno shoshilib, Yahudo bu so‘zlarni kambag‘allarga g‘amxo‘rlik qilgani uchun emas, balki o‘g‘ri va ochko‘z bo‘lgani uchun aytganini qo‘shimcha qildi. Yahudoning yonida pul qutisi bo‘lib, unga solinadigan narsalarni o‘zi olib yurardi.
12:7 Rabbimiz esa: "Unga xalaqit bermanglar. U buni Mening dafn kunimga saqlab qo‘ygan. U mehr-muhabbat va toat-ibodat ramzi sifatida Meni saxiylik bilan siylamoqchi. Qo‘yinglar, shunday qilsin", dedi.
12:8 Yaxshiligingizni ko‘rsatishingiz mumkin bo‘lgan kambag‘allar har doim bo‘ladi. Ammo Rabbiyning yer yuzidagi xizmati nihoyasiga yetay deb qolgandi. Maryam har doim ham bu moyni U uchun ishlatish imkoniyatiga ega bo‘lmaydi. Bu bizga ma’naviy imkoniyatlar o‘tkinchi ekanligini eslatib turishi kerak. Najotkorimiz uchun qo‘limizdan kelgan ishni bajarishni hech qachon kechiktirmasligimiz lozim.
B. Lazarga qarshi fitna (12:9−11)
12:9 Isoning Quddus yaqinida ekani haqidagi xabarlar tezda tarqaldi. Uning mavjudligi haqida bundan buyon jim turish mumkin emasdi. Yahudiylarning ko‘pchiligi Isoni ko‘rgani Baytaniyaga keldi, ba’zilari esa Iso tiriltirgan Lazarni ko‘rish uchun tashrif buyurdi.
12:10−11 Bu oyatda yana inson qalbining aqlsiz nafrati tasvirlangan. Oliy ruhoniylar Lazarni ham o‘ldirishga qaror qildilar. Go‘yo u tirilgach, kimgadir xiyonat qilgandek! Uning hech qanday aybi yo‘q edi, shunday bo‘lsa-da, ular uni o‘limga loyiq deb hisoblashardi. Chunki Lazar tufayli yahudiylarning ko‘pchiligi Isoga ishongan edilar. Shuning uchun Lazar yahudiy "hokimiyati"ga dushman edi va uni yo‘q qilish kerak edi. Boshqalarni Rabbiy huzuriga yetaklagan insonlar doimo ta’qib va hatto shahidlikni boshdan kechiradilar.
Ba’zi ilohiyotshunoslarning fikricha, oliy ruhoniylar tirilishni inkor etuvchi sadduqiylar bo‘lgani uchun Lazarni yo‘q qilib, dalildan qutulmoqchi bo‘lishgan.
D. Tantanali kirish (12:12−19)
12:12−13 Endi biz Isoning Quddusga tantanali kirib kelishi haqida o‘qiymiz.
Bu voqea Uning xochga mixlanishidan oldingi yakshanba kuni sodir bo‘lgan edi. Bu olomon Iso haqida nima o‘ylaganini aniq bilish qiyin. Ular chindan ham Isoning Xudoning O‘g‘li va Isroilning Masihi ekanini tushunganmilar? Yoki uni shunchaki Rim zulmidan qutqaradigan Podshoh deb bilishganmi?
Balki bu his-tuyg‘ularning bir lahzalik ifodasi edi? Shubhasiz, olomon orasida ba’zi haqiqiy imonlilar bor edi, lekin umumiy taassurot shundayki, odamlarning aksariyati Rabbga nisbatan hech qanday samimiy, haqiqiy qiziqish bildirmasdi.
Palma shoxlari - qayg‘udan keyingi tinchlik va osoyishtalik ramzidir (Vahiy 7:9). "Osanna" so‘zi "iltimos, hozir qutqar" degan ma’noni anglatadi. Bu ikki tushunchani birlashtirish orqali, odamlar go‘yo Isoni Xudo tomonidan yuborilgan, ularni Rim zulmidan qutqaradigan va ko‘p yillik majusiylar zulmidan so‘ng tinchlik va osoyishtalik beruvchi shaxs sifatida tan olayotgandek ko‘rinadi.
12:14−15 Iso shaharga yosh eshakda kirib keldi. Bu oddiy yurish usuli edi. Biroq eng muhimi, Rabbimiz shaharga shu tarzda kirib, bashoratni amalga oshirdi.
Bu iqtibos Zakariyo kitobidan (9:9) olingan. U yerda payg‘ambar Shoh Isroilga kelganda, U yosh eshakda o‘tirishini bashorat qilgan. Sion qizi - yahudiylarga nisbatan ishlatilgan majoziy ibora, Sion esa Quddusdagi tepalik.
12:16 Shogirdlar Isoning Quddusga Isroilning qonuniy Shohi sifatida kirishi haqidagi Zakariyo payg‘ambarning bashorati aynan ro‘yobga chiqqanini darhol anglab yetishmadi.
Rabbimiz osmonga qaytib, Otasining o‘ng tomonida ulug‘langandan so‘ng, shogirdlar hamma narsa Muqaddas Bitiklariga muvofiq bo‘lganini esladilar.
12:17−18 Quddusga kirib kelayotgan Isoni kuzatayotgan olomon orasida Uning Lazarni qabrdan chaqirib, o‘liklardan tiriltirganini ko‘rgan odamlar ham bor edi. Ular atrofdagilarga yosh eshakda kelayotgan kishi Lazarni tiriltirgan O‘sha zot ekanini aytishardi. Bu ajoyib mo‘jiza haqidagi xabar tez tarqalgani sababli, ko‘p sonli olomon Isoni kutib olishga chiqdi. Afsuski, ularni haqiqiy imon emas, balki qiziquvchanlik harakatlantirardi.
12:19 Farziylar g‘azablanishardi, chunki olomon tobora ko‘payib, Najotkorga bo‘lgan qiziqish ortib borardi. Ularning aytgan va qilgan hech bir ishi natija bermadi.
Ular haddan tashqari g‘azablanib, butun dunyo Isoga ergashib ketmoqda, deb baqirishardi. Ular olomonning qiziqishi o‘tkinchi ekanini va Isoga Xudoning O‘g‘li sifatida sajda qilishni istovchilar ozchilik ekanini tushunmasdilar.
E. Yunonlar Isoni ko‘rishni istaydilar (12:20−26)
12:20 Isoning oldiga kelgan yunonlar yahudiy dinini qabul qilgan g‘ayriyahudiylar edi. Ularning bayram kuni ibodatga kelishlari ota-bobolarining diniy urf-odatlariga rioya qilmay qo‘yganliklaridan dalolat beradi. Ular fursatdan foydalanib, Hazrati Isoning huzuriga kelishdi. Bu shu ma’noda juda ibratli ediki, yahudiylar Rabbimiz Isoni rad etgan bir paytda, g‘ayriyahudiylar Xushxabarni eshitadilar va ko‘plari imon keltiradilar.
12:21 Nima uchun ular aynan Filippning oldiga kelishgani aytilmagan. Ehtimol, uning yunoncha ismi va Jaliladagi Baytsayda shahridan ekanligi, yangi imon keltirgan g‘ayriyahudiylarni o‘ziga jalb qilgandir. Ularning iltimosi chindan ham olijanob edi: "Janob! Biz Isoni ko‘rishni istaymiz." Qalbida samimiy istak bo‘lgan hech bir inson mukofotsi qolmaydi.
12:22 Ehtimol, Filip Rabbimizning yunonlar bilan uchrashishiga unchalik ishonmagan bo‘lishi mumkin. Ilgari Iso Masih shogirdlariga Xushxabarni olib, g‘ayriyahudiylar oldiga bormaslikni buyurgan edi. Shuning uchun Filip Andreyning oldiga bordi va ular birgalikda Isoga xabar berishdi.
12:23 Nima uchun yunonlar Isoni ko‘rishni istashgan? Satrlarga sinchiklab qarasak, ular Isoning donoligi bilan qiziqishgani va Uni o‘zlarining buyuk faylasufi sifatida ulug‘lashni xohlashganini taxmin qilishimiz mumkin. Ular Isoning yahudiy yo‘lboshchilari bilan kelishmovchiliklari borligini bilishgan va ehtimol, U bilan birga Yunonistonga borib, Uning hayotini saqlab qolishni istashgan. Ularning falsafasi "o‘zingni asra" edi, Iso esa bu falsafa hosil qonuniga mutlaqo zid ekanini aytdi. U farovon hayot kechirish orqali emas, balki fidokorona o‘limi bilan ulug‘lanadi.
12:24 Urug‘ yerga tushib o‘lmasa, hech qachon don chiqarmaydi. Bu yerda Iso Masih O‘zini bug‘doy donasi sifatida tasvirlamoqda. Agar U o‘lmasa, yolg‘iz qoladi. Osmonning go‘zalligidan faqat U bahramand bo‘ladi; u yerda Uning shon-shuhratiga sherik bo‘ladigan birorta ham najot topgan gunohkor bo‘lmaydi. Agar U o‘lsa, najot yo‘lini ta’minlaydi, bu yo‘ldan ko‘plar najot topadi. Xuddi shu narsa T.G. Ragland aytganidek, bizga ham taalluqli:
"Agar biz yerga tushib o‘ladigan bug‘doy donlari bo‘lishdan bosh tortsak; agar biz kelajak rejalarimizni qurbon qilmasak, obro‘yimizni, mol-mulkimizni, sog‘ligimizni xavf ostiga qo‘ymasak; agar bizni chaqirishsa-yu, biz uyimizni tark etmasak, Masih uchun oilaviy aloqalarni uzmasak, unda biz yolg‘iz qolamiz. Ammo agar hosil berishni istasak, muborak Rabbimizga ergashib, bug‘doy doniga aylanishimiz va o‘lishimiz kerak, shunda ko‘p hosil beramiz."
(T. G. Ragland, bundan batafsil ma’lumotlar yo‘q.)
12:25 Ko‘pchilik hayotda oziq-ovqat, kiyim-kechak va huzur-halovat muhim deb o‘ylaydi. Ular shu narsalar uchun yashaydi. Ammo o‘z hayotini shunday sevganlar ruhning tanadan muhimroq ekanligini tushunmaydilar. Qalb holatiga e’tibor bermay, ular o‘z hayotlarini yo‘qotadilar. Boshqa tomondan, Masih uchun hamma narsadan voz kechish kerak, deb hisoblovchilar ham bor.
Unga xizmat qilish uchun, ular odamlar qadrlaydigan barcha narsalarni nazarga ilmaydilar. Ular o‘z hayotlarini abadiy hayotga saqlab qoluvchilardir. O‘z hayotidan nafratlanish shaxsiy manfaatlardan ko‘ra Masihni ko‘proq sevish demakdir.
12:26 Masihga xizmat qilish uchun unga ergashish kerak. Uning xizmatkorldari Uning ta’limotiga bo‘ysunadi va axloqan Unga o‘xshaydi. Uning o‘limi ular uchun namuna bo‘lishi kerak. Barcha xizmatkorlarga Xo‘jayinning doimiy hozir bo‘lishi va Uning himoyasi va’da qilingan, bu nafaqat yerdagi hayotga, balki abadiylikka ham taalluqli. Kim xizmat qilsa, Xudo uni oxiratda ulug‘laydi. Bu yerda u qanchalik sharmandalik va ta’na-malomatlarga duchor bo‘lmasin, osmondagi Ota-Xudo oldida uning sha’niga oshkora shafoat qilgan Zotning shon-shuhrati oldida u deyarli kam bo‘lmaydi!
F. Iso muqarrar o‘lim oldida turibdi (12:27−36)
12:27 Xudovandning fikr-zikri Uni yaqin kelajakda nima kutayotganiga tobora ko‘proq qaratilardi. U xoch haqida, gunohlarimizni o‘z zimmasiga olib, Xudoning g‘azabiga duchor bo‘ladigan vaqt haqida o‘ylardi. U o‘zining "achchiq soati" (JBP) haqida o‘yladi va Uning ruhi iztirob chekdi. Bunday paytda U qanday ibodat qilishi kerak edi? Otasidan Uni bu soatdan qutqarishini so‘rashi kerakmidi? U bu haqda ibodat qila olmasdi, chunki Uning dunyoga kelishidan maqsadi xochga mixlanish edi. U o‘lish uchun tug‘ilgan edi.
12:28 Iso Masih xochdan xalos bo‘lishni so‘rash o‘rniga, Otasining ismi ulug‘lanishini so‘radi. U o‘zining shaxsiy farovonligi yoki xavfsizligidan ko‘ra Xudoning shon-shuhratiga ko‘proq qiziqardi. Xudo bunga samodan javob berib, Uning ismini ulug‘laganini va bundan keyin ham ulug‘lashini aytdi. Isoning yer yuzidagi xizmati Xudoning ismini ulug‘lashdan iborat bo‘lgan. Nazaretdagi o‘ttiz yillik sukut, uch yillik jamoat xizmati, Xaloskorning ajoyib so‘zlari va ishlari - bularning barchasi Otaning nomini munosib ravishda ulug‘ladi. Lekin Masihning o‘limi, dafn etilishi, tirilishi va ko‘tarilishi orqali Xudoga yanada buyukroq shon-sharaflar ato etiladi.
12:29 Turganlarning ba’zilari Xudoning ovozini momaqaldiroq deb o‘ylashdi. Bunday odamlar har doim ruhiy narsalarga tabiiy izoh berishga harakat qilishadi.
Mo‘jizalarni tan olishni istamaydigan odamlar ularni qandaydir tabiiy qonun bilan bog‘lashga urinadi. Boshqalar bu momaqaldiroq emasligini bilishsa-da, Xudoning ovozi ekanini tan olishmasdi. Bu g‘ayritabiiy bir narsa ekanligini tushungan bo‘lsalar kerak, ular faqat buni farishtaning ovozi degan xulosaga kelishlari mumkin edi. Xudoning ovozini faqat Muqaddas Ruh yordamida eshitadigan va tushunadigan kishilargina eshitishi mumkin. Odamlar Injilni qayta-qayta tinglashlari mumkin, ammo Muqaddas Ruh ular bilan u orqali gaplashmasa, Injil ular uchun tushunarsiz bo‘ladi.
12:30 Rabbimiz tinglovchilarga bu ovoz Uning uchun yangramaganini tushuntirdi. U yonida turganlarga qaratilgan edi.
12:31 "Endi bu dunyoning hukmi," - dedi U. Dunyo hayot va shon-shuhrat Egasini xochga mixlash uchun yig‘ildi. Shunday qilsa, u o‘zini o‘zi qoralaydi. Bu dahshatli Masihdan voz kechishi uchun unga hukm o‘qiladi. Bu yerda Xaloskor aynan shuni nazarda tutgan edi. Aybdor insoniyatga chiqarilgan hukm deyarli ijro etildi. Bu dunyoning hukmdori shaytondir. To‘g‘ri ma’noda, Shayton Golgofada butunlay mag‘lub bo‘ldi. U Parvardigorni bir marta va butunlay yo‘q qilishga muvaffaq bo‘ldim, deb o‘ylardi. Buning o‘rniga, Xaloskor odamlarga najot yo‘lini ta’minladi va shu bilan birga Shayton hamda uning lashkarlarini mag‘lub etdi. Shaytonga nisbatan chiqarilgan hukm hali ijro etilmagan, ammo uning halokati oldindan hal bo‘lgan. U hamon dunyoni kezib yuribdi, o‘zining yovuz ishini davom ettirmoqda, ammo bu faqat vaqt masalasi, chunki u olovli ko‘lga tashlanadi.
12:32 Bu oyatning birinchi qismi Masihning xochda o‘limiga tegishli. U yog‘och xochga mixlandi va yerdan yuqoriga ko‘tarildi. Rabbimiz aytdi: "Agar Meni shunday xochga tortishsa, Men hamma odamlarni O‘zimga jalb qilaman." Buning bir necha talqini bo‘lishi mumkin. Ba’zilar Masih barcha odamlarni yo najotga, yo hukm qilishga jalb qiladi deb o‘ylaydilar. Boshqalar esa, agar Masih Injil da’vatida ulug‘lansa, Xushxabar Unga jonlarni jalb qilishga qodir bo‘lgan katta kuchga ega bo‘ladi, deb hisoblaydilar.
Ammo to‘g‘ri talqin, ehtimol, shunday: Rabbimiz Isoning xochga mixlanishi natijasida barcha odamlar Unga jalb qilinadi. Barcha odamlar emas, balki har bir xalq, qabila va tildan vakillar.
12:33 Rabbimiz Iso ko‘tarilish haqida gapirar ekan, qanday o‘lim bilan, ya’ni xochga mixlanish orqali jon berishini nazarda tutgan. Bu yerda bizga yana Parvardigorning hamma narsani bilishi namoyon bo‘ladi. U to‘shakda yoki tasodif tufayli emas, balki xochga mixlanib o‘lishini oldindan bilardi.
12:34 Xalq Rabbimizning ko‘tarilish haqidagi gaplarini tushunmay qoldi. Uning so‘zlaridan odamlar Uning Masih ekanini bilishardi, Eski Ahddan esa Masihning abadiy yashashini bilishardi (Ishayo 9:7; Zabur 109:4; Doniyor 7:14; Mixo 4:7). E’tibor bering, odamlar Isoning so‘zlarini takrorlashardi: "Inson O‘g‘li ko‘tarilishi kerak." Aslida U: "Men yerdan ko‘tarilaman," degan edi. Albatta, Rabbimiz Iso O‘zining Inson O‘g‘li ekanini ko‘p marta aytgan va ehtimol ilgari ham yerdan ko‘tarilgan Inson O‘g‘li haqida gapirgan bo‘lishi mumkin, shuning uchun odamlar bu ikki fikrni birlashtira olishdi.
12:35 Odamlar Isodan bu Inson O‘g‘li kim ekanligini so‘raganlarida, U yana O‘zini dunyoning nuri deb atadi. U nur ular bilan uzoq vaqt bo‘lmasligini eslatdi. Ular nur bilan birga bo‘lishlari va nurda yurishlari kerak, toki zulmat ularni qamrab olmasin va ular doimo jaholatda qoqilmasinlar.
Bu yerda Rabbimiz O‘zini quyosh va kunduzgi yorug‘likka o‘xshatgan, chunki bu xususiyat ularga xosdir. Quyosh ertalab chiqadi, tushda cho‘qqiga yetadi va kechqurun ufqqa botadi. U biz bilan faqat cheklangan vaqtga ega. Biz undan yorug‘ paytida foydalanishimiz kerak, chunki tun tushganda u bizga foyda keltirmaydi.
Ma’naviy ma’noda, Rabbimiz Isoga ishongan kishi nurda yuradi. Uni rad etgan esa zulmatda yuradi va qayerga borayotganini bilmaydi. Uning ilohiy yo‘l-yo‘riq ko‘rsatuvchisi yo‘q va u umr bo‘yi qoqilib yuradi.
12:36 Yana Rabbimiz Iso tinglovchilarini imkon boricha O‘ziga ishonishga chaqirdi. Shunday qilsalar, nur farzandlari bo‘ladilar. Ular hayotda yo‘l-yo‘riq olishlariga va abadiylikka ishonch hosil qiladilar. Bu so‘zlardan so‘ng Rabbimiz odamlardan uzoqlashib, bir muddat ulardan yashirindi.
G. Yahudiylarning ko‘pchiligi imon keltira olmadi (12:37−43)
12:37 Bu yerda Yuhanno hayratini ifodalash uchun to‘xtadi: Rabbimiz Iso odamlar oldida shuncha mo‘jizalar ko‘rsatdi, lekin ular Unga ishonmadilar. Aytib o‘tganimizdek, ularning ishonchsizligi dalillarning yetishmasligidan emas edi. Rabbimiz O‘zining ilohiyligiga juda ishonchli dalillar keltirdi, ammo odamlar bunga ishonishni xohlamadilar. Ular o‘zlarini boshqaradigan podshohga ega bo‘lishni istardilar, lekin tavba qilishni istamasdilar.
12:38 Yahudiylarning ishonchsizligi Ishayo payg‘ambarning (53:1) bashoratiga mos keldi. "Ey Rabbim! Bizdan eshitganlariga kim ishondi?" degan savolga "Uncha ko‘p emas!" degan javob keladi. Muqaddas Kitobda mushak hokimiyat yoki kuch haqida gapirgani kabi, "Xudovandning mushagi" iborasi Xudoning qudratli hokimiyatini anglatadi. Xudoning qudrati faqat Rabbimiz Iso Masih haqidagi xabarga ishonganlargagina namoyon bo‘ladi. Ko‘pchilik Masih haqidagi xabarni qabul qilmagani uchun Xudoning qudrati kamdan-kam odamlarga ayon bo‘ldi.
12:39 Rabbimiz Iso O‘zini Isroil xalqiga namoyon qilganda, ular Uni rad etishdi. Rabbimiz odamlarga najot berishni taklif qilib, ko‘p marta murojaat qildi, lekin ular Unga "yo‘q" deyishda davom etdilar. Odamlar Injilni qanchalik uzoq vaqt inkor etsalar, uni qabul qilish shunchalik qiyinlashadi. Odamlar Nurdan ko‘zlarini yumganlarida, Xudo ularni Nurni ko‘rish imkoniyatidan mahrum qiladi. Xudo ularga "sud ko‘rligi" deb ataladigan zarbalarni beradi, ya’ni ko‘rlik Xudo ularni O‘z O‘g‘lidan voz kechganlari uchun hukm qilgani natijasi hisoblanadi.
12:40 Bu Ishayo kitobidan (6:9−10) olingan iqtibos. Xudo isroilliklarning ko‘zlarini ko‘r qildi va qalblarini toshga aylantirdi. Lekin U bu ishni ular o‘z ko‘zlarini yumib, qalblarini toshga aylantirgandan keyingina qildi.
O‘jarlik va ongli ravishda Masihni rad etish natijasida, isroilliklar sog‘ayish uchun ko‘rish, tushunish va ishonish qobiliyatidan mahrum bo‘ldilar.
12:41 Ishayo kitobining 6-bobida payg‘ambar Xudoning ulug‘vorligini qanday kuzatgani tasvirlangan. Bu yerda Yuhanno Ishayo Masihning shon-shuhratini ko‘rganini va Masih haqida gapirganini tushuntiradi. Shunday qilib, ushbu oyat Iso Masihning Xudo ekanligini isbotlovchi dalillar zanjirining yana bir muhim bo‘g‘inidir.
12:42 Yahudiylarning ko‘pgina boshliqlari Isoning Masih ekanligiga ishonch hosil qilishdi. Biroq ular jamoadan chetlatilishdan qo‘rqib, o‘z e’tiqodlarini boshqalar bilan bo‘lishishga jur’at etolmadilar. Bu odamlar Rabbimiz Isoga chinakam e’tiqod qo‘ygan, deb o‘ylashni istardik, ammo bu shubhali. Haqiqiy e’tiqod bor joyda, ertami-kechmi Masihni tan olish ham sodir bo‘ladi. Chindan ham Isoni Xaloskor sifatida qabul qilgan har bir kishi, oqibati qanday bo‘lishidan qat’i nazar, bu haqda hammaga gapirib berishga qat’iy qaror qiladi.
12:43 Ko‘rinib turibdiki, bu odamlar Xudoning ulug‘vorligidan ko‘ra insoniy ulug‘vorlikni ko‘proq sevishgan. Ular Xudodan ko‘ra ko‘proq odamlarning roziligini olishni o‘ylashardi. Bunday odamlar Masihga chindan ham ishonishlari mumkinmi? (Javobini 5-bob, 44-oyatdan qarang.)
H. Kufr xavfi (12:44−50)
12:44 44-oyatni boshqacha ifodalaydigan bo‘lsak, quyidagicha bo‘ladi: "Menga chinakam ishongan kishi nafaqat Menga, balki Meni yuborgan Otamga ham ishonadi." Bu yerda ham Rabbimiz Otasi Xudo bilan to‘liq birligini ko‘rsatmoqda. Biriga ishonib, ikkinchisiga ishonmaslik mumkin emas.
Masihga e’tiqod qilish - Ota Xudoga e’tiqod qilish demakdir. O‘g‘ilga teng hurmat ko‘rsatmay turib, Otaga ishonish mumkin emas.
12:45 Bu yerda hech kim Ota Xudoni ko‘ra olmasligi nazarda tutilmoqda. U ruhdir va shuning uchun ko‘rinmasdir. Ammo Rabbimiz Iso bu dunyoga Xudoning kimligini bildirib berish uchun kelgan. Bunda U bizga Xudoning jismoniy mohiyati haqida emas, balki Uning axloqiy mohiyati haqida ma’lumot beradi. U bizga Xudoning Shaxsini ko‘rsatdi. Demak, Masihni ko‘rgan Ota Xudoni ko‘rgan bo‘ladi.
12:46 Shubhasiz, yorug‘lik misoli Rabbimizning eng sevimli o‘xshatmalaridan biridir. U yana O‘zini dunyoga kelgan nurga o‘xshatdi, toki Unga ishongan har bir kishi zulmatda qolmasin. Masihsiz odamlar qop-qorong‘i zulmatda qoladilar. Ular hayot, o‘lim va abadiyat haqida to‘g‘ri tasavvurga ega emaslar. Masihga imon keltirib kelganlar endi haqiqatni izlamaydilar, chunki ular haqiqatni Unda topdilar.
12:47 Masihning birinchi kelishidan maqsad dunyoni hukm qilish emas, balki qutqarish edi. U O‘zining so‘zlarini eshitishdan yoki O‘ziga ishonishdan bosh tortganlarni hukm qilmadi. Bu U kelgusi kunda bu iymonsizlarni hukm qilmaydi degani emas, lekin bunday hukm Uning birinchi kelishi maqsadiga kirmagan.
12:48 Rabbimiz Uning so‘zlarini rad etganlar Xudoning hukmi oldida turadigan so‘nggi kunni kutgan edi. O‘shanda Rabbimiz Isoning so‘zlari yoki ta’limoti ularni qoralash uchun yetarli bo‘ladi.
12:49 Iso o‘z ta’limotini O‘zi o‘ylab topmagan va insoniy maktablarda o‘rganmagan. U itoatkor Xizmatkor va O‘g‘il sifatida faqat Otasi buyurgan so‘zlarni aytdi. Bu esa, oxirzamonda odamlarga hukm qilinadigan haqiqatdir. Iso aytgan so‘zlar Xudoning kalomi bo‘lib, odamlar unga quloq solishdan bosh tortishdi. Otasi Unga faqat nima deyishni emas, balki qanday deyishni ham buyurdi.
Bu ikki tushuncha ma’nosiga ko‘ra farq qiladi. "Nima deyish kerak" iborasi xabarning mohiyatiga ishora qiladi; "Qanday deyish kerak" deganda esa, Rabbimiz haqiqatni o‘rgatishda qo‘llashi kerak bo‘lgan so‘zlar nazarda tutiladi.
12:50 Iso Otasi Unga ishonganlarga abadiy hayot berishni buyurganini bilardi. Shuning uchun Iso ham Otasi aytganiday gapirdi.
Endi biz hikoyadagi aniq burilish nuqtasiga yaqinlashamiz. Shu yergacha Rabbimiz Isroilga O‘zini ko‘rsatdi. Yettita belgi yoki mo‘jiza yozib qo‘yilgan bo‘lib, ularning har biri Masihga ishongan har bir gunohkorni nima kutayotganini ko‘rsatadi. Ushbu belgilar quyidagilardir:
1. Galileyaning Kana to‘yida suvning sharob bo‘lishi (2:1-12). Bu ilohiy quvonch bayramida begona bo‘lgan gunohkorning Masih qudrati bilan o‘zgarishini anglatadi.
2. Saroy amaldorining o‘g‘li shifo topishi (4:46-54). Bu kasal va ruhiy salomatlikka muhtoj bo‘lgan gunohkorni ifodalaydi.
3. Baytsayda hovuzidagi mayibning shifo topishi (5-bob). Bechora gunohkor zaif, ojiz va o‘z shifo topishiga hech narsa qila olmaydi. Iso uni dardidan xalos etadi.
4. Besh ming kishining to‘ydirilishi (6-bob). Gunohkor - ovqatsiz, och va kuch beradigan narsaga muhtoj. Rabbimiz uning ruhiga ozuqa beradi, toki u boshqa hech qachon och qolmasin.
5. Jalila dengizining tinchlanishi (6:16-21). Gunohkor xavfli joyda. Rabbimiz uni bo‘rondan qutqaradi.
6. Tug‘ma ko‘rning ko‘zi ochilishi (9-bob). Bu odam Masih qudrati hali tegmagan inson qalbining ko‘rligini anglatadi. Muqaddas Ruh uni ma’rifatli qilmaguncha, inson o‘z gunohkorligini ham, Najotkorning go‘zalligini ham ko‘ra olmaydi.
7. Lazarning tirilishi (11-bob). Bu mo‘jiza, tabiiyki, gunohkorning gunohlari va jinoyatlari tufayli o‘lganini va yuqoridan kelgan hayotga muhtojligini eslatadi.
Bu mo‘jizalarning barchasi Iso Masihning Xudoning O‘g‘li ekanligini isbotlashga qaratilgan.