G. Zino ustida qo‘lga olingan ayol (8:1−11)
8:1 Bu oyat 7-bobning oxirgi oyati bilan uzviy bog‘liq. Bu bog‘liqlikni ikkita oyatni birlashtirgan holda quyidagicha ifodalash mumkin: "Hamma uy-uyiga tarqaldi, Iso esa Zaytun tog‘iga chiqdi". Rabbimiz to‘g‘ri aytgan edi: "Tulkilarning inlari bor, osmondagi qushlarning uyalari bor, Inson O‘g‘lining esa bosh qo‘yadigan joyi yo‘q".
8:2 Ma’baddan uncha uzoq bo‘lmagan joyda Zaytun tog‘i joylashgan. Iso erta tongda Zaytun tog‘idan tushib, Kidron vodiysidan o‘tdi-da, yana tog‘ga ko‘tarilib, ibodatxona joylashgan shaharga kirdi. Butun xalq Uning huzuriga keldi. U o‘tirib, ularga ta’lim bera boshladi.
8:3 Shu payt ulamolar va farziylar Isoni noto‘g‘ri so‘zlar aytishga undab, Uni ayblamoqchi bo‘ldilar. Ular zino ustida qo‘lga olingan bir ayolni olib kelib, xalq o‘rtasiga, ehtimol Isoning oldiga qo‘yishdi.
8:4 Ular bu ayolni zinoda ayblashdi, ehtimol shunday bo‘lgandir. Uning og‘ir gunoh sodir etilgan paytda qo‘lga olinganiga shubha qilishga asos yo‘q. Lekin erkak qayerda edi? Hayotda ko‘pincha ayollar jazoga tortilgan, erkaklar esa jazosiz qolgan.
8:5 Endi ularning hiylasi ayon bo‘ldi. Ular Isoning Tavrot qonuniga zid biror so‘z aytishini istardilar. Agar ularning niyati amalga oshsa, oddiy odamlarni Isoga qarshi qayrashlari mumkin edi. Ular Isoga Muso qonunini eslatishdi. Qonunga ko‘ra, zino qilib qo‘lga tushgan odamni toshbo‘ron qilib o‘ldirish kerak edi. Farziylar yovuz niyatlariga ko‘ra, Iso bunga rozi bo‘lmasligiga umid qilib, Undan bu haqda nima deyishini so‘rashdi. Ular adolat va Muso qonuniga binoan, u jazolanishi kerak deb o‘ylashdi. Darbi aytganidek:
"Insonning buzuq qalbi o‘zidan yomonroq kishini topishi bilan taskin topadi, xotirjam bo‘ladi. U birovning gunohi kattaroq bo‘lsa, o‘zining gunohi oqlanadi, deb o‘ylaydi; birovni ayblab, g‘azablanib, o‘z yomonligini unutadi. Shunday qilib, u zulmdan xursand bo‘ladi." (J. N. Darby, bundan batafsil ma’lumotlar yo‘q.)
8:6 Farziylar Isoga qarshi hech qanday asosli ayblovga ega emas edilar va uni o‘zlari topishga urinayotgan edilar. Ular bilardilarki, agar U ayolni jazosiz qo‘yib yuborsa, demak, U Muso qonuniga qarshi chiqqan bo‘ladi va ular Uni qonunsizlikda ayblaydilar. Agar U ayolni o‘limga hukm qilsa, ular bundan Uning Rim hukmronligiga dushmanlik munosabatini tasdiqlash uchun foydalanishlari mumkin, shunda ular U rahm-shafqatsiz ekanini aytish uchun asosga ega bo‘ladilar.
Lekin Iso engashib, barmog‘i bilan yerga yoza boshladi. Biz Uning nima yozganini bilmaymiz. Ko‘pchilik buni bilishiga ishonchi komil, ammo tan olish kerakki, Muqaddas Kitobda bu haqda hech narsa aytilmagan.
8:7 Bundan norozi bo‘lgan yahudiylar javob talab qilishda davom etdilar. Shunda Iso qonun bajarilishi kerakligini, lekin uni hech qanday gunoh qilmaganlar bajarishi mumkinligini aytdi. Shunday qilib, Iso Muso qonunini qo‘llab-quvvatladi. U ayol qonunda ko‘rsatilgan jazoga tortilmasligi kerakligini aytmadi. Ammo shu bilan birga, U bu odamlarning barchasini gunohda aybladi. Boshqalarga hukm chiqarmoqchi bo‘lganlar o‘zlari pok bo‘lishlari kerak. Bu oyat ko‘pincha gunohlarni kechirish uchun ishlatiladi. Bunda ular shunday fikr yuritishadi: biz javobgarlikdan ozodmiz, chunki boshqalar ham nimanidir noto‘g‘ri qilishgan. Ammo bu oyat gunohni kechirmaydi. Aksincha, aybdorni, garchi u hech qachon fosh qilinmagan bo‘lsa ham, qoralaydi.
8:8 Najotkor yana egilib, yerga yozdi. Bu Iso nimanidir yozgani haqidagi yagona eslatma, ammo U yozgan barcha narsalar allaqachon yer yuzidan o‘chirilgan.
8:9 Ayolni ayblovchilarni vijdonlari fosh qildi. Ularning aytadigan gapi qolmadi. Ular birin-ketin keta boshlashdi. Ularning katta-yu kichik barchasi aybdor edi. Iso yolg‘iz o‘zi va Uning qarshisida turgan ayol qoldi.
8:10 Iso g‘oyat mehribonlik bilan ayolga barcha ayblovchilari g‘oyib bo‘lganini ko‘rsatdi. Ular hech qayerda ko‘rinmasdi. Olomon orasida uni qoralashga jur’at etadigan hech kim topilmadi.
8:11 Bu yerda "Xo‘jayin" so‘zi "Janob" degan ma’noni anglatishi mumkin. Ayol: "Hech kim, janob," deganida, Rabbimiz ajoyib so‘zlarni aytdi: "Men ham seni ayblamayman; bor, bundan buyon gunoh qilma." Rabbimiz bunday masalalarni hal qilish uchun fuqarolik vakolatiga ega ekanligini da’vo qilmadi. Bu huquq Rim hukumatiga tegishli bo‘lib, U bunga da’vogarlik qilmadi. Uni ayblamadi ham, kechirmadi ham. O‘sha paytda bu Uning vazifasiga kirmas edi. Biroq U ayolga bundan keyin gunoh qilishdan tiyilishi kerakligini uqtirdi.
Yuhanno Xushxabarining birinchi bobidan "inoyat va haqiqat Iso Masih orqali kelganini" bilib oldik. Mana bunga misol. "Men seni hukm qilmayman" degan so‘zlarda inoyat aks etgan; "bor va bundan buyon gunoh qilma" degan so‘zlar esa haqiqat so‘zlaridir. Rabbimiz: "Bor, iloji boricha kamroq gunoh qil," demadi. Iso Masih - Xudo, uning me’yori mutlaq mukammallikdir. U hech qanday gunohni ma’qullay olmaydi. Shuning uchun Iso uning oldiga Xudoning mukammal me’yorini qo‘yadi. (7:53 - 8:11 oyatlar Yuhannoning eng qadimgi qo‘lyozmalarida yo‘q, lekin 900 dan ortiq yunon qo‘lyozmalarida (aksariyatida) mavjud. Bu oyatlar asl matnning bir qismi ekanligi aniq ma’lum emas. Fikrimizcha, ularni ilohiy ilhom bilan yozilgan matnning bir qismi sifatida qabul qilish lozim. Ularning ta’limotlari Muqaddas Kitobning qolgan qismiga to‘liq mos keladi. Avgustinning yozishicha, ba’zilar axloq to‘g‘risidagi erkin tasavvurlarning rivojlanishiga yo‘l ochishidan qo‘rqib, bu joyni chiqarib tashlaganlar.)
H. Iso - dunyoning nuri (8:12−20)
8:12 Keyin voqealar ibodatxona xazinasiga ko‘chadi (20-oyatga qarang). Isoning orqasidan hali ham ko‘p odamlar ergashib yurardi. U ularga o‘zining Masihligini tasdiqlovchi ko‘plab buyuk bayonotlardan birini aytdi: "Men dunyoning nuriman."
Boshqacha aytganda, dunyo gunoh va jaholat zulmatida bo‘lib, hayotning asl ma’nosini ko‘rmaydi. Dunyoning nuri - Isodir. Usiz gunoh zulmatidan najot yo‘q. Usiz hayot yo‘lida yo‘l-yo‘riqlar, hayotning asl ma’nosi va abadiylik masalalari haqida bilim yo‘q. Iso, Unga ergashgan har bir kishi zulmatda yurmaydi, balki hayot nuriga ega bo‘ladi, deb va’da bergan.
Isoga ergashish Unga ishonishni anglatadi. Ko‘p odamlar Iso kabi yashay olamiz, deb noto‘g‘ri o‘ylashadi. Shu bilan birga, ular hech qachon yuqoridan tug‘ilishni boshdan kechirmaydilar. Isoga ergashish - Uning huzuriga tavba bilan kelish, Uni Rabbimiz va Najotkorimiz sifatida qabul qilish va shundan so‘ng hayotimizni Unga topshirish demakdir. Bunday yo‘l tutgan kishining hayotda yo‘l-yo‘rig‘i, o‘limdan keyin esa aniq va yorqin umidi bo‘ladi.
8:13 Endi farziylar Isoni Uning guvohligi noto‘g‘ri deb ayblay boshladilar. Ular Uning O‘zi haqida guvohlik berayotganini eslatdilar. Insonning o‘z guvohligi yetarli deb hisoblanmagan, chunki odatda inson o‘ziga nisbatan xolis bo‘lmaydi. Farziylar Isoning so‘zlariga shubha bilan qarashga moyil edilar. Ular, albatta, Uning so‘zlarining haqiqatligiga ishonmasdilar.
8:14 Rabbimiz ikki yoki uchta guvoh bo‘lishi kerakligini tan olgan. Ammo bu holatda Uning guvohi mutlaqo haq edi, chunki bu Xudo edi. U osmondan tushganini va yana osmonga qaytishini bilardi. Lekin ular Uning qayerdan kelib, qayerga ketayotganini bilishmasdi. Ular Uni o‘zlariga o‘xshagan oddiy bir odam deb o‘ylashar va Uning abadiy O‘g‘il ekaniga, Otasiga teng ekaniga ishonishni istashmasdi.
8:15 Farziylar boshqalarni tashqi belgilari va odatiy insoniy mezonlari bilan baholashardi. Ular Isoni nosiralik duradgorday ko‘rishar va Uning boshqa tirik odamlardan farq qilishini tan olishmasdi. Iso hech kimni hukm qilmasligini aytdi. Bu shuni anglatadiki, U farziylar kabi odamlarga dunyoviy mezonlar bilan baho bermaydi. Ammo bu, asosan, Uning dunyoga kelishidan maqsadi odamlarni hukm qilish emas, balki ularni qutqarish ekanligini anglatadi.
8:16 Agar Rabbimiz hukm chiqarishi kerak bo‘lsa, Uning hukmi adolatli va haqqoniydir. U Xudodir va Uning barcha ishlari Uni yuborgan Otasining irodasiga muvofiqdir. Iso farziylarga o‘zining Ota Xudo bilan birligi haqida ko‘p marta gapirgan. Aynan shu narsa ularning qalbida Unga qarshi eng kuchli qarshilikni keltirib chiqarardi.
8:17−18 Rabbimiz Muso qonuniga ko‘ra, ikki kishining guvohligi to‘g‘ri ekanligini tasdiqladi. Uning hech bir so‘zida bu haqiqatni inkor etish maqsadi yo‘q edi.
Agar ular ikki guvohni talab qilsalar, U zotga ularni keltirish qiyin emas.
Avvalo, O‘zining begunoh hayoti va og‘zidan chiqqan so‘zlari bilan O‘zi guvohlik berdi. Ikkinchidan, Otasi Rabbimiz Iso haqida ko‘plar eshitgan baland ovozli so‘zlar va U yaratgan mo‘jizalar orqali guvohlik berdi. Iso Masih Eski Ahddagi Masih haqidagi bashoratlarga to‘la mos kelsa-da, yahudiy boshliqlari bu kuchli dalillarga ishonishni istamadilar.
8:19 Farziylarning navbatdagi savoli, shubhasiz, masxaraomuz ohangda aytilgan. Ehtimol, ular atrofga qarab: "Otang qayerda?" deb so‘rashgan. Iso ularga, sizlar Meni, ya’ni aslida Kim ekanligimni ham, Otamni ham bilmaysizlar, deb javob berdi. Tabiiyki, ular Xudoni bilmasliklarini qat’iyat bilan inkor etishlari kerak edi. Shunga qaramay, bu haqiqat edi. Agar ular Rabbimiz Isoni tan olganlarida edi, Uning Otasini ham tanigan bo‘lardilar. Ammo hech kim Ota Xudoni faqat Iso Masih orqaligina bila oladi. Shunday qilib, ular Xaloskorni rad etib, Xudoni taniganliklarini va sevganliklarini halol da’vo qila olmaganlar.
8:20 Bu yerda oldingi oyatlarda tasvirlangan suhbat ma’bad xazinasi yonida bo‘lib o‘tganini bilib olamiz. Rabbimiz yana ilohiy himoya bilan o‘ralgan va hech kim Uni hibsga ololmaydi yoki o‘ldirolmaydi. Uning soati hali kelmagan. "Uning soati" deganda, Iso Golgofada xochga mixlanib, dunyo gunohlari uchun o‘ladigan vaqt nazarda tutiladi.
I. Yahudiylarning Iso bilan bahsi (8:21−59)
8:21 Iso yana kelajakni mukammal bilishini ko‘rsatdi. U ayblovchilariga nafaqat o‘limi va dafn etilishini, balki qayta tirilishi va osmonga ko‘tarilishini nazarda tutib ketayotganini aytdi. Yahudiylar Masihni izlaydilar, ammo Uning allaqachon kelganini va o‘zlari Uni rad etganlarini tushunmaydilar. Uni inkor etib, ular gunohda o‘ladilar. Buning ma’nosi, Rabbimiz ketadigan osmonga ular abadiy kira olmasligidir. Bu muqaddas haqiqat! Hazrati Isoni qabul qilishni rad etganlarning osmonga kirish umidi yo‘q. Xudosiz, Masihsiz, abadiylikka umidsiz, gunohlarda o‘lish qanchalik dahshatli!
8:22 Yahudiylar Rabbiyning osmonga qaytish haqida gapirayotganini tushunmadilar. " Ketaman " deganda nimani nazarda tutyapti? U o‘z joniga qasd qilish orqali Uni o‘ldirish rejasidan oldinroq bo‘lishini nazarda tutyaptimi? Bu fikr ularga g‘alati tuyuldi. Agar U O‘zini o‘ldirmoqchi bo‘lsa, ularning o‘limidan keyin ham Unga ergashishlariga hech narsa to‘sqinlik qila olmaydi. Bu ham kufr zulmatiga bir misol. Ular Najotkor aytgan hamma narsaga nisbatan shunchalik qorong‘u va johil bo‘lishlari mumkinligiga ishonish qiyin!
8:23 Ularning o‘z joniga qasd qilish ehtimoli haqidagi bema’ni fikrlari Parvardigorni ularga pastkashlardan ekanliklarini aytishga undadi.
Bu shuni anglatadiki, ularning qarashlari juda cheklangan. Ular narsalarning lug‘aviy ma’nosidan yuqoriga ko‘tarila olmaydi. Ular har qanday ma’naviy tushunishdan mahrumdirlar. Aksincha, Masih yuqoridan. Uning fikrlari, so‘zlari va ishlari Ilohiydir. Ularni o‘ziga tortadigan hamma narsa bu dunyodan, Isoning butun hayoti esa U bu dunyodan ham pokroq joylardan kelganini ko‘rsatadi.
8:24 Iso biror narsaga e’tibor qaratish uchun takrorlash usulini ko‘p qo‘llagan. Bu yerda U yana bir bor ularni gunohlari tufayli o‘lishlari haqida qat’iy ogohlantirdi. Agar ular Unga ishonishdan qat’iyan bosh tortsalar, u holda ularning boshqa muqobili qolmaydi. Faqat Rabbimiz Iso orqali gunohlar kechirilishi mumkin, shuning uchun gunohlari kechirilmay o‘lgan har bir kishi osmonga kira olmaydi. "Agar Mening O‘zim ekanimga ishonmasangiz, gunohlaringiz bilan o‘lasizlar." Biz bu so‘zlarda Men (O‘zim) Rabbimiz Isoning ilohiyligi haqidagi yana bir da’voni ko‘ramiz.
8:25 Yahudiylar Hazrati Isoning ta’limotida butunlay chalkashib ketishdi. Ular Undan kimligini ochiq-oydin so‘radilar. Ehtimol, ular kinoya bilan: "Sen kimsanki, biz bilan bunday gaplashishga jur’at etding?" demoqchi bo‘lgandirlar. Balki ular Uning O‘zi haqida nima deyishini eshitishga oshiqishayotgandir. Uning javobidan iqtibos keltirish mumkin: "Avvaldan mavjud, sizga aytganimdek." U va’da qilingan Masih edi. Yahudiylar Undan bu so‘zlarni ko‘p eshitgan bo‘lsalar ham, ularning o‘jar qalblari haqiqatni qabul qilmadi. Uning javobi boshqa ma’noga ega bo‘lishi mumkin: Hazrati Iso chindan ham o‘zi va’z qilgan Zot edi. Uning so‘zlari amallari bilan ajralmas edi. U o‘zi o‘rgatgan hamma narsaning jonli timsoli edi. Uning hayoti Uning ta’limotiga mos kelardi.
8:26 Bu oyatning ma’nosi tushunarsiz. Ehtimol, Xudovand bu yerda bu kofir yahudiylar haqida yana ko‘p narsalarni aytishi va hukm chiqarishi mumkinligini aytmoqda. Ularning qalbidagi yovuz niyat va istaklarni aniqlay olardi. Biroq Iso itoatkorlik bilan faqat Otasi buyurgan narsalarnigina gapirdi. Otasi haq bo‘lgani uchun, Iso Unga ishonishga va Unga quloq solishga loyiqdir.
8:27 Bu yerda yahudiylar Iso ularga Ota Xudo haqida gapirayotganini tushunishmadi. Ularning miyasi tobora xiralashib borayotganga o‘xshardi. Ilgari Hazrati Iso o‘zini Xudoning O‘g‘li deb da’vo qilganida, ular U Ota Xudo bilan tenglikni da’vo qilayotganini tushunishgan. Endi ular bunday deb o‘ylashmasdi.
8:28 Iso yana nima sodir bo‘lishi haqida bashorat qilmoqda. Avvalo, yahudiylar Inson O‘g‘lini ko‘taradilar. Bu Uning xochga mixlanish orqali o‘limiga ishora qiladi. Xochga mixlangandan so‘ng, ular Masih ekanligini bilishadi. Ular buni zilziladan va zulmatdan biladilar, lekin hammasidan ko‘ra ko‘proq Uning o‘liklardan jismoniy tirilishidan biladilar. Yahovaning: " Shunda Men ekanimni bilib olasizlar ", - degan so‘zlariga e’tibor qarating. Bu so‘zlarning yanada chuqurroq ma’nosi quyidagicha: " Shunda sizlar Mening Xudo ekanimni bilasizlar ". Shunda ular U hech narsani O‘zidan, ya’ni O‘z irodasi bilan qilmaganini tushunib yetadilar. Aksincha, U Otasining irodasini bajo keltirish uchun dunyoga kelgan va faqat Uning O‘zi o‘rgatgan narsalarnigina gapiradi.
8:29−30 Rabbimizning Xudo Ota bilan munosabati juda yaqin edi. Bu gaplarning har biri Xudo bilan tenglik da’vosi edi. Yer yuzidagi xizmatida Otasi doimo yonida bo‘lgan. Iso hech qachon yolg‘iz qolmagan. U doimo Xudoga ma’qul ishlarni qilardi. Bunday so‘zlarni faqat gunohsiz Zot ayta olardi. Yer yuzidagi ota-onadan tug‘ilganlarning hech biri hech qachon: "Men doimo Unga ma’qul ishlarni qilaman", deb ayta olmaydi. Biz ko‘pincha o‘zimizga yoqqan ishlarni qilamiz. Ba’zida do‘stlarimizga yoqish istagi bizni harakatga keltiradi. Faqatgina Rabbimiz Iso Xudoga ma’qul bo‘lgan ishlarni qilish ishtiyoqida edi.
Iso bu ajoyib so‘zlarni aytayotganda, ko‘pchilik Unga ochiqchasiga ishonganini ko‘rdi. Shubhasiz, ba’zilar chinakamiga iymon keltirdilar. Boshqalar esa Unga faqat so‘zdagina ishongan bo‘lsa kerak.
8:31 Shunda Iso "shogirdlar" va haqiqiy shogirdlar o‘rtasidagi farqni ko‘rsatdi. Shogird - o‘zini shogird deb da’vo qiluvchi, ammo haqiqiy shogird Rabbimiz Iso Masihga butunlay bag‘ishlangan kishidir. Haqiqiy imonlilarni ajratib turadigan xususiyat shuki, ular Uning Kalomida qoladilar. Bu Masihning ta’limotida davom etishlari demakdir. Ular Undan yuz o‘girmaslar. Haqiqiy e’tiqodga doimo bardoshlilik xosdir. Ular Uning Kalomida qolganlari uchun emas, balki najot topganlari uchun Uning Kalomida qoladilar.
8:32 Bu yerda barcha haqiqiy shogirdlarga haqiqatni bilishlari va haqiqat ularni ozod qilishi va’da qilingan.
Yahudiylar haqiqatni bilmas edilar, shu sababli ular dahshatli qullikda edilar. Ular jaholat, xato, gunoh, qonun va xurofot qullari edilar. Rabbimiz Isoni chinakamiga taniganlar gunohdan ozod bo‘ladilar, nurda yuradilar va Xudoning Muqaddas Ruhi bilan boshqariladilar.
8:33 Yonlarida turgan yahudiylardan ba’zilari Rabbimizning ozod bo‘lasizlar, degan so‘zlarini eshitib qolishdi. Bu ularni qattiq ranjitdi. Ular Ibrohimning zurriyotiga mansub ekanliklaridan faxrlanib, hech qachon qul bo‘lmaganliklarini aytishardi.
Lekin bu haqiqat emas edi. Isroil Misr, Ossuriya, Bobil, Fors, Yunon va hozirgi Rim qulligida bo‘lgan. Qolaversa, Iso Masih bilan suhbatlashayotgan paytda, ular gunoh va iblisning qullari edilar.
8:34 Bu yerda Rabbimiz gunohga qullik haqida ochiq-oydin gapirdi. U yahudiy tinglovchilariga har bir gunoh qiluvchi gunohning quli ekanligini eslatib o‘tdi. Yahudiylar o‘zlarini juda dindor qilib ko‘rsatishdi, ammo haqiqat shunda ediki, ular nomussiz, hurmatsiz va qotillikka tayyor edilar - hatto o‘sha paytda ham ular Xudoning O‘g‘lini o‘ldirish rejasini tuzayotgan edilar.
8:35 Keyin Iso qul va o‘g‘ilning uydagi holatini taqqosladi. Qul u yerda abadiy yashashiga hech qanday kafolat yo‘q; o‘g‘il uchun esa uy - qadrdon maskan.
"O‘g‘il" so‘zi kimni nazarda tutishidan qat’i nazar - Xudoning O‘g‘limi yoki Masihga ishonib, Xudoning farzandi bo‘ladiganlarnimi - bir narsa aniq: Iso yahudiylarga ular o‘g‘il emas, balki har qanday vaqtda uydan chiqarib yuborilishi mumkin bo‘lgan qullar ekanini aytdi.
8:36 Shubhasiz, bu oyatdagi "O‘g‘il" so‘zi Masihning O‘ziga ishora qiladi. U tomonidan ozod qilinganlar chindan ham ozoddirlar. Ya’ni, Xaloskor huzuriga kelib, Undan abadiy hayot olgan inson gunoh qulligidan, qonun harfiga ergashishdan, xurofot va shaytoniylikdan ozod bo‘ladi.
8:37 Bu yahudiylarning kelib chiqishi ma’lum bo‘lgani uchun, Rabbimiz ularni Ibrohimning avlodlari (so‘zma-so‘z "urug‘i") deb tan oldi. Ammo ular Ibrohimning ma’naviy urug‘i emasligi aniq edi. Ular Ibrohimga o‘xshab Xudoning xalqi emasdi. Ular Iso Masihning ta’limotini o‘zlariga sig‘dirmaganlari uchun Uni o‘ldirmoqchi bo‘ldilar. Bu ular Masihning so‘zlarini o‘z hayotlarida qo‘llashlariga yo‘l qo‘ymaganlarini anglatadi. Ular Isoning ta’limotiga qarshilik ko‘rsatib, Unga yaxshi meva keltirmadilar.
8:38 Iso ularga Otasi aytishga vakolat bergan hamma narsani o‘rgatdi. U va Uning Otasi shu qadar bir edilarki, Iso aytgan so‘zlar Ota Xudoning so‘zlari edi. Iso yer yuzida yashaganida, O‘z Otasini mukammal tarzda namoyon etdi. Aksincha, yahudiylar o‘z otalaridan o‘rganganlarini qilishardi. Iso ularning yer yuzidagi otalarini emas, balki iblisni nazarda tutgan edi.
8:39 Yahudiylar yana bir bor Ibrohim bilan qarindoshliklarini tan olishni talab qilishdi. Ular otalari Ibrohim ekanini aytib, maqtanishardi. Biroq Iso ular Ibrohimning [urug‘i] (37-oyat) avlodlari bo‘lsa-da, uning farzandlari emasligini ta’kidladi. Odatda bolalar tashqi ko‘rinishi, yurish-turishi, gap-so‘zlari bilan ota-onalariga o‘xshaydilar. Yahudiylarda esa hammasi boshqacha edi. Ularning hayoti Ibrohimnikiga butunlay zid edi. Garchi ular jismonan Ibrohimning naslidan bo‘lishsa-da, ma’naviy jihatdan ular iblisning farzandlari edilar.
8:40 Rabbimiz ular va Ibrohim o‘rtasidagi aniq farqlarni ko‘rsatishda davom etdi. Iso dunyoga kelib, faqat haqiqatni gapirdi. Ularni Uning ta’limoti ranjitib, dovdiratib qo‘ygan edi, shuning uchun Uni o‘ldirmoqchi bo‘ldilar. Ibrohim bunday qilmagan edi. U har doim haqiqat va adolat tarafida turgan.
8:41 Ularning otasi kim ekanligi aniq edi, chunki ular xuddi u kabi harakat qilishardi. Ular otalarining, ya’ni shaytonning ishini bajarishardi. Yahudiylar, ehtimol, Isoni zinodan tug‘ilganlikda ayblashgandir. Ammo Muqaddas Kitobni o‘rganuvchilarning ko‘pchiligi "zino" so‘zini butparastlikka ishora deb tushunishadi.
Yahudiylar hech qachon ma’naviy zino qilmaganliklarini ta’kidlashgan. Ular doimo Xudoga sodiq bo‘lishgan. U - ular o‘z Otalari deb tan olgan yagona Zot edi.
8:42 Rabbimiz ularning da’volari noto‘g‘ri ekanligini ko‘rsatib, agar ular Xudoni sevganlarida, Xudo yuborgan Zotni ham sevishlarini eslatdi. Xudoga muhabbat haqida qasam ichish va ayni paytda Rabbimiz Iso Masihdan nafratlanish mutlaqo bema’nilikdir. Iso: "Men Xudodan kelganman," dedi. Bu Uning Xudoning abadiy yagona O‘g‘li ekanligini anglatadi. Xudoning O‘g‘li tug‘ilgan aniq bir vaqt bo‘lmagan, O‘g‘il va Ota o‘rtasidagi munosabatlar azaldan mavjud bo‘lgan. Shuningdek, U yahudiylarga Xudodan kelganini eslatdi.
Ko‘rinib turibdiki, U bu yerda O‘zining oldindan mavjudligini e’lon qilgan. U yer yuziga kelishidan ancha oldin, osmonda Otasi bilan birga yashagan. Biroq Otasi Uni dunyoni qutqarish uchun yubordi va U itoatkor O‘g‘il sifatida bu yerga keldi.
8:43 43-oyatda nutq va so‘z o‘rtasidagi farq ko‘rsatilgan. Masihning so‘zi Uning butun ta’limotiga taalluqlidir. "Nutq" deganda U O‘z haqiqatlarini ifodalagan so‘zlar nazarda tutiladi. Ular hatto Uning nutqini ham tushunishmasdi. U non haqida gapirganida, ular faqat jismoniy non haqida o‘ylashardi. U suv haqida gapirganida, ular hech qachon uni ruhiy suv bilan bog‘lamaganlar. Nega ular Uning nutqini tushunishmadi? Sababi shuki, ular Uning ta’limotini qabul qilishni istamasdilar.
8:44 Endi Iso ularga otasi iblis ekanligini ochiqchasiga aytdi. Bu, imonlilar Xudodan qanday tug‘ilgan bo‘lsa, ular ham shaytondan shunday tug‘ilgan, degani emas. Aksincha, Avgustin aytganidek, ular taqlid orqali iblisning farzandlari edilar. Ular shayton bilan bog‘liq ekanliklarini ko‘rsatib, unga o‘xshab yashashgan. "...va otangizning istaklarini bajarmoqchisiz" degan so‘zlar ularning qalbidagi niyatni, ya’ni maylni ifodalaydi.
Shayton boshidanoq qotil edi. U Odam Ato va butun insoniyatga o‘lim keltirdi. U nafaqat qotil, balki yolg‘onchi hamdir. U haqiqatda turmadi, chunki unda haqiqat yo‘q. U yolg‘on gapirganda, shunchaki o‘z tabiatiga xos gapni aytadi. Yolg‘on uning mohiyatining bir qismiga aylangan. U yolg‘onchi va yolg‘onning otasidir. Aynan shu jihatda yahudiylar shaytonga taqlid qilishgan. Ular qotil edilar, chunki ular Xudoning O‘g‘lini o‘ldirishga qasd qilgan edilar. Ular yolg‘onchi edilar, chunki ular: "Otamiz Xudodir," deyishardi. Ular Xudoning ma’naviy xalqi ekanliklarini da’vo qilishardi, ammo ularning hayoti buzuq edi.
8:45 Yolg‘on hukmida bo‘lganlar haqiqatni idrok etish qobiliyatini yo‘qotgandek ko‘rinadi. Bu odamlar oldida doimo haqiqatni gapiruvchi Rabbimiz Iso turardi. Ammo ular Unga ishonmadilar. Bu ularning asl mohiyati buzilganligidan dalolat berardi. Lenski yaxshi yozgan:
"Buzilgan aql haqiqatga duch kelganda, u faqat bir narsani izlaydi: qanday e’tiroz bildirish; bu haqiqatdan farq qiladigan narsaga duch kelganda, u bu farqni qabul qilishga imkon beradigan sababni izlaydi." (R.C.H. Lenski, The Interpretation of Colossians, Thessalonians, Timothy, Titus, Philemon, 701-702-betlar.)
8:46 Bunday so‘zlarni faqat Xudoning begunoh O‘g‘li Masih aytishga haqli edi. Dunyoda biror inson yo‘qki, Uni hatto bitta gunohda ham ayblay olsa. Uning fe’l-atvorida birorta ham nuqson yo‘q edi. U har jihatdan mukammal edi. U faqat haq so‘zni aytardi, lekin ular Unga ishonmasdilar.
8:47 Xudoni chindan sevgan odam Xudoning so‘zlarini eshitadi va ularga bo‘ysunadi. Yahudiylar Najotkorning xabarini rad etishdi va shu bilan aslida Xudoga tegishli emasliklarini ko‘rsatishdi. Ushbu oyatdan ko‘rinib turibdiki, Hazrati Iso Xudoning O‘zining so‘zlarini e’lon qilgan. Bu borada hech qanday tushunmovchilik bo‘lishi mumkin emas.
8:48 Rabbimiz Isoning so‘zlariga boshqacha javob bera olmagan yahudiylar yana bir bor haqorat tiliga murojaat qilishdi. Uni samariyalik deb atab, asossiz etnik ayblovni o‘rtaga tashladilar. Bu xuddi ular: "U sof yahudiy emas, Isroilning dushmanidir", deyishayotganga o‘xshaydi. Shuningdek, ular Isoni unda jin bor, deb aybladilar. Shubhasiz, ular bu bilan Uni aqldan ozgan deb gumon qildilar. Ularning fikricha, Iso aytganidek gaplarni faqat aqli joyida bo‘lmagan odamgina aytishi mumkin edi.
8:49 Isoning dushmanlariga qanchalik vazminlik bilan javob berganiga e’tibor bering. Uning ta’limoti jinni odamning emas, balki Ota Xudoni ulug‘lashga intilayotgan Zotning so‘zlaridir. Ular Uni aqldan ozgani uchun emas, balki butunlay samoviy Otasining manfaatlariga berilgani uchun haqorat qilishdi.
8:50 Ular bilishlari kerak ediki, U sira O‘z shon-shuhratini izlamaydi. U nimaki qilgan bo‘lsa, barchasining yagona maqsadi bor edi: Otasini ulug‘lash. Hatto ularni O‘zini haqorat qilishda ayblayotganda ham, U O‘z shon-shuhratini izlayotganini nazarda tutmagan. So‘ng Rabbimiz qo‘shib qo‘ydi: "Izlovchi va Hukm qiluvchi bor." Bu so‘zlar, shubhasiz, Xudoga tegishli. Ota Xudo O‘z suyukli O‘g‘lining ulug‘lanishini istaydi va Uni ulug‘lashga qodir bo‘lmaganlarning barini hukm qiladi.
8:51 Bu yerda Rabbimiz Isoning yana bir ulug‘vor so‘zlari keltirilgan, buni faqat O‘zi Xudo bo‘lgan Zotgina ayta olardi. So‘zlar tanish qat’iyat bilan boshlanadi: "Haq, haq so‘zimni aytaman". Iso, kim Uning kalomiga amal qilsa, abadiy o‘limni ko‘rmasligini va’da qildi. Bu jismoniy o‘limga taalluqli emas, chunki Rabbimiz Isoga ishonuvchilarning ko‘pchiligi har kuni vafot etadi. Bu yerda ruhiy o‘lim haqida gap ketyapti. Rabbimiz Unga imon keltirganlar abadiy o‘limdan xalos bo‘lishlarini va hech qachon do‘zaxning dahshatli azoblarini boshdan kechirmasliklarini aytdi.
8:52 Bu yahudiylarni Isoning "aqldan ozgan" ekaniga yana ham ko‘proq ishontirdi. Ular Ibrohim va payg‘ambarlar o‘lganini eslatishdi. U qanday qilib Uning so‘ziga amal qilgan kishi abadiy o‘lim ko‘rmasligini ayta oladi? Buni qanday tushunish mumkin?
8:53 Ular, aslida, Rabbimiz O‘zini otalari Ibrohim va payg‘ambarlardan ham ulug‘roq deb da’vo qilayotganini angladilar. Ibrohim hech kimni o‘limdan qutqarmagan va o‘zini ham qutqara olmagan. Payg‘ambarlar ham buni qila olmaganlar. Mana endi O‘ziga ergashganlarni o‘limdan xalos eta olishini aytayotgan Kimdir paydo bo‘ldi. U O‘zini otalardan ulug‘roq hisoblamoqda.
8:54 Yahudiylar Iso O‘ziga e’tibor tortmoqchi deb o‘ylashgan. Iso ularga bunday emasligini tushuntirdi. Uni ular sevamiz va xizmat qilamiz deb aytgan Ota Xudo ulug‘laydi.
8:55 Yahudiylar o‘zlarining Otasi Xudo ekanini da’vo qilishgan, ammo aslida Uni tanimasdilar. Endi ular Ota Xudoni biladigan va Unga teng bo‘lgan Zot bilan gaplashmoqdalar. Ular Isoni Ota bilan tenglikdan voz kechishga undamoqchi bo‘lishdi, lekin U shunday qilsa yolg‘onchi bo‘lishini aytdi. U Ota Xudoni tanir va Uning kalomiga amal qilardi.
8:56 Yahudiylar Ibrohimni dalil sifatida keltirishda davom etarkan, Rabbimiz ularga Ibrohim Masihning kelishini ko‘rishni orzu qilganini va haqiqatan ham uni imon bilan ko‘rib, sevinganini eslatdi. Rabbimiz Iso Ibrohim kutgan O‘sha Men ekanligini aytdi. Ibrohimning imoni Masihning kelishiga asoslangan edi.
Ibrohim Masihning kunini qachon ko‘rgan? Ehtimol, u Ishoqni Moriya tog‘iga olib chiqib, Xudoga qurbonlik keltirmoqchi bo‘lganida shunday bo‘lgandir. O‘shanda Masihning o‘limi va tirilishining butun voqeasi namoyon bo‘lgan va ehtimol Ibrohim buni imon orqali ko‘rgan. Shunday qilib, Rabbimiz Iso Masih haqidagi barcha bashoratlar amalga oshganini ta’kidladi.
8:57 Yahudiylar yana bir bor Ilohiy haqiqatlarni tushunishga qodir emasliklarini ko‘rsatdilar. Iso: "Ibrohim Mening kunimni ko‘rib xursand bo‘ldi," dedi. Ular esa: "U Ibrohimni ko‘rgandek gapiryapti," deyishdi. Bu yerda katta farq bor. Hazrati Iso Ibrohimdan yuqori mavqega da’vo qildi. U Ibrohimning fikrlari va orzularining mavzusi edi. Ibrohim Masihning kunini ishonch bilan kutardi. Yahudiylar buni tushunmasdilar. Ular: "Iso hali ellik yoshga to‘lgani yo‘q-ku. (Aslida o‘sha paytda U atigi o‘ttiz uch yosh atrofida edi.) U Ibrohimni qanday ko‘rgan bo‘lishi mumkin?" deb o‘ylashdi.
8:58 Hazrati Iso bu yerda O‘zining Xudo ekanligi haqida yana bir bayonot berdi. U: "Ibrohimdan oldin Men bor edim," demadi. Bu U Ibrohimdan oldin ham mavjud bo‘lganini anglatishi mumkin edi. Lekin U Xudoning ismini ishlatdi: "Men borman". Hazrati Iso azaldan Xudo Ota bilan birga yashab kelgan. Uning paydo bo‘lish vaqti yoki qachondir mavjud bo‘lmaganligi haqida gapirish mumkin emas. Shuning uchun ham U: "Ibrohimdan oldin Men borman," dedi.
8:59 Shu zahoti yahudiylar Isoni toshbo‘ron qilmoqchi bo‘lishdi, lekin U yashirinib, ma’baddan chiqib ketdi. Yahudiylar Isoning: "Ibrohimdan oldin Men borman," degan so‘zlarini juda yaxshi tushunishdi.
U Yahova ekanini ta’kidlagan! Shuning uchun ham ular Unga tosh otmoqchi bo‘ldilar. Ularning fikricha, bu kufrlik edi. Ular Masihning o‘rtalarida turganini tan olishni istamadilar. Ularga ustlaridan hukmronlik qiladigan Zotning keragi yo‘q edi!