Kitobook.com
AudiokitoblarSimfoniyaGuvohliklarVIDEOUzMusic
KITOBLARAudiokitoblarҲикоялар китобиUZMUSICKINOLAR & MultfimlarNAJOT XABARIXushxabar hikoyalariQaraqalpaqsha KitapUzLatin
MakDonaldning Injil kitobiga o'zbek tilidagi sharhlari

Yuhanno Muqaddas xushxabar: 9Bob

Azərbaycan dilində Müqəddəs Kitab

J. Oltinchi mo‘jiza: tug‘ma ko‘rning shifo topishi (9:1−12)

9:1 Bu voqea, ehtimol, 8-bobda tasvirlangan Isoning ma’bad hududini tark etganidan keyin yoki biroz vaqt o‘tgach sodir bo‘lgan. Insonning tug‘ma ko‘r bo‘lganligi haqidagi ma’lumot uning ahvolining umidsizligini va unga ko‘rish qobiliyatini qaytargan mo‘jizaning hayratlanarli ekanligini ko‘rsatadi.

9:2 Shogirdlar g‘alati savol berishdi. Ular insonning ko‘zi ojiz bo‘lishiga uning o‘zi sababmi yoki ota-onasining gunohi sababmi, deb so‘rashdi.

Ko‘r bo‘lib tug‘ilgan bo‘lsa, uning ko‘rligiga qanday qilib o‘z gunohi sabab bo‘lishi mumkin? Ular qandaydir qayta tug‘ilishga, o‘lganlarning ruhlari yangi tanada yerga qaytishiga ishonishganmidi?

Balki ular uni tug‘ilganidan keyin qiladigan gunohlari uchun jazo sifatida ko‘r bo‘lib tug‘ilgan deb o‘ylashgandir, buni Xudo oldindan biladi, deb hisoblashgandir. Shunisi aniqki, ularning fikricha, ko‘rlik bevosita oiladagi gunoh bilan bog‘liq bo‘lgan. Bunday bo‘lishi shart emasligini bilamiz. Garchi oxir-oqibat barcha kasalliklar, azob-uqubatlar va o‘lim gunoh tufayli dunyoga kelgan bo‘lsa-da, har bir alohida holatda inson o‘zi sodir etgan gunohlar tufayli azob chekishi to‘g‘ri emas.

9:3 Iso inson ham, uning ota-onasi ham gunoh qilmaganini nazarda tutmagan. Aksincha, U ko‘rlik ularning hayotidagi gunohning bevosita natijasi emasligini ta’kidlagan. Xudo insonni tug‘ilganidanoq ko‘rmaydigan qilib qo‘ydi, toki unda Xudoning qudratli ishlari zohir bo‘lsin. Inson tug‘ilishidan oldin, Rabbimiz Iso bu ko‘r ko‘zlarga ko‘rish qobiliyatini qaytarishini bilar edi.

9:4 Najotkor O‘ziga uch yilga yaqin xizmat qilish berilganini va shundan so‘ng xochga mixlanishini anglagan. Bu vaqtning har bir daqiqasini Xudoning ishiga sarflash kerak edi. Uning oldida tug‘ma ko‘r odam bor edi. Rabbimiz Iso unga, hatto shanba kuni bo‘lsa ham, shifo mo‘jizasini ko‘rsatishi lozim edi.

Tez orada Uning xizmati tugaydi va U yer yuzida boshqa bo‘lmaydi. Bu, hayoti shiddat bilan o‘tayotgan va yer yuzidagi xizmatimiz abadiy yakuniga yetadigan tun kelayotgan har bir masihiy uchun jiddiy ogohlantirishdir. Shunday ekan, berilgan vaqtdan Rabbimizga g‘ayrat ila xizmat qilish uchun foydalanishimiz darkor.

9:5 Iso dunyoda inson qiyofasida yashaganida, U dunyoga aniq va o‘ziga xos yorug‘lik edi. U mo‘jizalar yaratgan va odamlarga ta’lim bergan, shuning uchun ular dunyo yorug‘ligini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishgan. Rabbimiz Iso hozir ham olamga yorug‘likdir. Unga keladigan har bir kishiga zulmatda yurmaslik va’dasi berilgan. Biroq Rabbimiz aynan shu oyatda O‘zining yer yuzidagi xizmati haqida gapiryapti.

9:6 Nima uchun Iso loy va so‘lakni aralashtirib, ko‘rning ko‘ziga surtganligi bizga ma’lum emas. Ba’zilarning fikricha, insonda ko‘z soqqasi bo‘lmagan va Rabbimiz Iso uni shunchaki yaratgan. Boshqalarning fikricha, Iso alayhissalom ko‘zi ojizning ko‘zini ochish uchun, odatdagidek, dunyo ahli nafratlanadigan usullarni qo‘llagan. O‘z maqsadlarini amalga oshirish uchun U samarasiz va ahamiyatsiz narsalardan foydalangan. Hatto bugungi kunda ham, ma’nan ko‘r bo‘lgan insonlarga ko‘z nurini qaytarib berayotgan Xudo, tuproqdan yaratilgan erkak va ayollardan foydalanadi.

9:7 Rabbimiz ko‘rning imonini ishga solib, unga Siloam hammomiga borib yuvinishni buyurdi. Ko‘zi ojiz bo‘lishiga qaramay, u cho‘miladigan joyning qayerdaligini bilgan bo‘lsa kerak va aytilganlarni bajo keltirdi. Muqaddas Kitobda "yuborilgan" degan ma’noni anglatuvchi "Siloam" so‘ziga e’tibor qaratilgan. Ehtimol, u Masihning ramzi bo‘lishi mumkin. Bu mo‘jizani amalga oshirgan Zotni dunyoga Xudo Ota yuborgan. Ko‘r borib cho‘milish xonasida yuvindi va ko‘zi ochildi. Shu paytgacha umuman ko‘rmayotgan odamning ko‘zi ochildi. Mo‘jiza bir zumda sodir bo‘ldi va odam darhol ko‘zlari bilan ko‘ra boshladi.

O‘zi yashagan olamga ilk bor nazar tashlash uning uchun naqadar quvonchli va kutilmagan hodisa bo‘lgan bo‘lsa kerak!

9:8−9 Bu odamning qo‘shnilari hayratda qolishdi. Bu o‘sha tilanchilik qilib o‘tirgan odam ekaniga ishonishmasdi. (Bunday yo‘lni najot topayotgan odam ham bosib o‘tsa kerak. Qo‘shnilarimiz bizdagi o‘zgarishni sezishlari kerak.)

Ba’zilar bu o‘sha odam, deb turib olishdi. Ba’zilar esa bunga unchalik ishonishmasdi, lekin ba’zi o‘xshashliklar borligini taxmin qilishardi. Ammo u odam tug‘ma ko‘r ekanligini aytib, barcha shubhalarni tarqatib yubordi.

9:10 Iso har safar mo‘jiza ko‘rsatganida, bu odamlarning qalbida turli savollarni uyg‘otardi. Ko‘pincha bu savollar imonli kishiga Rabbimiz to‘g‘risida shohidlik berish imkonini berardi. Bu yerda odamlar undan bularning barchasi qanday sodir bo‘lganini so‘rashdi.

9:11 Uning guvohligi sodda, ammo ishonchli edi. U shifo topgani haqida so‘zlab, mo‘jiza yaratgan Zotga shukrona aytdi. O‘sha paytda u hali Rabbimiz Iso kimligini tushunmagan edi. U shunchaki Uni "Iso degan odam" deb tilga oldi. Ammo keyinchalik uning tushunchasi o‘sib, Isoni tanib-bilishga keldi.

9:12 Rabbimiz Iso Masih haqida guvohlik berar ekanmiz, ko‘pincha boshqalarning ham qalbida Uni tanib-bilish istagini uyg‘otamiz.

K. Yahudiylarning kuchayib borayotgan qarshiligi (9:13−41)

9:13 Mo‘jizadan chin dildan hayratga tushgan ba’zi yahudiylar sobiq ko‘rni farziylar oldiga olib kelishdi. Ular bu odamning shifo topgani din peshvolarini g‘azablantirishini tushunmagandilar.

9:14 Iso shanba kuni mo‘jiza ko‘rsatdi. Tanqidiy fikrlaydigan farziylar Xudo shanba kunini rahm-shafqat va mehribonlik ko‘rsatishga to‘siq qilishni istamasligini anglamagandilar.

9:15 Sog‘aygan kishiga Iso haqida yana guvohlik berish imkoniyati tug‘ildi. Farziylar undan ko‘zi qanday ochilganini so‘raganlarida, u yana o‘sha sodda hikoyasini aytib berdi. Bu safar u Isoning ismini tilga olmadi. Buning sababi qo‘rquv emas, balki bu qudratli ishni Kim qilganini hamma bilishini tushungani edi. O‘sha paytda Hazrati Iso Quddusda taniqli bo‘lib qolgandi.

9:16 Yana kelishmovchilik yuz berdi: farziylar Isoning shaxsi to‘g‘risida bir fikrga kela olmadilar. Ba’zi farziylar dadillik bilan Iso shanba kunini buzgani uchun Xudoning Odami bo‘la olmaydi, deb e’lon qilishdi. Boshqalar esa, gunohkor odam bunday ajoyib mo‘jizalar yarata olmaydi, deb o‘ylashdi. Iso ko‘pincha odamlar o‘rtasida kelishmovchiliklarga sabab bo‘lardi. Odamlar yo Unga tarafdor, yo Unga qarshi bo‘lishga majbur edilar.

9:17 Farziylar sobiq ko‘rdan Iso haqida nima deb o‘ylashini so‘rashdi. U hali Isoning Xudo ekanini tushunmasdi. Ammo uning e’tiqodi shunchalik o‘sdiki, u Isoni payg‘ambar deb tan oldi. U o‘ziga ko‘rish qobiliyatini bergan Zot Xudo tomonidan ilohiy xabar bilan yuborilgan, deb o‘ylardi.

9:18−19 Ko‘plab yahudiylar hali ham sodir bo‘lgan mo‘jizaga ishonishni istamasdilar. Ular ko‘zi ochilgan yigitning ota-onasini chaqirib, ularning gapini eshitmoqchi bo‘lishdi.

Ko‘r bola tug‘ilganini ota-onadan yaxshiroq kim biladi? Ularning guvohligi hamma narsani oydinlashtirib beradi. Shunday qilib, farziylar: "Bu sizning o‘g‘lingizmi va uning ko‘zi qanday ochildi?" deb so‘radilar.

9:20−21 Ota-onaning guvohligi tasdiqladi: bu ularning o‘g‘li bo‘lib, yillar davomida uning ko‘rligidan azob chekishgan.

Lekin ular boshqa hech narsa aytishni istamadilar. Ular o‘g‘lining ko‘zi qanday ochilganini ham, uning ko‘zini ochgan odamning kimligini ham bilishmasdi. Ular farziylarni o‘g‘illarining oldiga qaytarib yuborishdi, chunki faqat u o‘zi haqida gapira olardi.

9:22−23 22-oyat ota-onaning qo‘rquvini tushuntiradi. Ular kimda-kim Isoning Masih ekanini tan olsa, ibodatxonadan chetlashtiriladi, deb eshitgan edilar. Bunday ajratish har qanday yahudiy uchun juda jiddiy muammo edi. Ular bunday og‘ir oqibatga duchor bo‘lishni istamadilar. Isoni tan olish tirikchilik vositalarini yo‘qotish, shuningdek, yahudiy dinining barcha imtiyozlaridan mahrum bo‘lishni anglatardi.

Shu bois, ota-ona yahudiy boshliqlaridan qo‘rqib, guvohlik berish mas’uliyatini o‘g‘illariga yukladilar.

9:24 "Xudoni ulug‘la" iborasi ikki xil ma’noga ega bo‘lishi mumkin. Avvalo, bu qasamning bir ko‘rinishi bo‘lishi mumkin.

Ehtimol, farziylar: "Endi haqiqatni ayt. Biz bilamizki, u Odam gunohkordir", demoqchi bo‘lgandir. Ammo bu, farziylar ushbu mo‘jiza uchun Xudoga hamdu sano aytishni talab qilganini, biroq Isoni gunohkor deb hisoblab, Unga hamdu sano aytmaslikni istashganini ham anglatishi mumkin.

9:25 Muvaffaqiyatsizlik farziylarni har qadamda ta’qib qilardi. Ular Isoni obro‘sizlantirishga uringanlarida, oxir-oqibat Uni yanada ko‘proq maqtash bilan tugardi. Bu yerda ko‘zi ochilgan yigitning guvohligi ajoyib. U Isoning shaxsi haqida ko‘p narsa bilmasdi, lekin bir narsani aniq bilardi: u ko‘r edi, endi esa ko‘ra oladi. Bu dalilni hech kim inkor eta olmadi.

Yuqoridan tug‘ilganlar bilan ham shunday bo‘ladi. Dunyo shubha qilishi, masxara qilishi va mazax qilishi mumkin, lekin biz ilgari halok bo‘lganimiz, endi esa Xudoning inoyati bilan najot topganimiz haqidagi guvohligimizni inkor eta olmaydi.

9:26−27 Farziylar yana undan voqeaning barcha tafsilotlarini so‘ray boshladilar. Endi ko‘zi ochilgan odamning jahli chiqdi. U ularga hammasini aytib bo‘lganini, ular esa quloq solmaganini eslatdi. Ular yana nimani eshitmoqchi edilar? Balki ular Uning shogirdi bo‘lishni istayotgandir? Shubhasiz, u bu savolni kinoya bilan berdi. Ular Isoni yomon ko‘rishlarini va Unga ergashishni aslo istamasliklarini u yaxshi bilardi.

9:28 Shunday maqol bor: "Agar dalil bo‘lmasa, da’vogarni ayblashadi." Buni biz bu yerda ham ko‘ryapmiz. Farziylar bu kishining guvohligini inkor qilishga urinishlari muvaffaqiyatsizlikka uchragach, unga ta’na qila boshladilar.

Ular uni Isoning shogirdi deb ayblashdi, go‘yo bu dunyodagi eng yomon narsa edi! So‘ngra o‘zlarini Musoning shogirdlari deb e’lon qildilar, go‘yo bu eng yaxshi narsa edi.

9:29 Farziylar Muso bilan Xudo gaplashganini aytishdi, Iso haqida esa mensimay gapirishdi. Agar ular Musoning kitoblariga ishonganlarida edi, Isoni Rabbimiz va Najotkorimiz deb qabul qilgan bo‘lardilar. Agar ozgina o‘ylasalar, Muso hech qachon tug‘ma ko‘rning ko‘zini ochmagan edi. Ularning orasida Musodan ulug‘rog‘i bor edi, ammo ular buni tushunmasdilar.

9:30 Shifo topgan odamning kinoyasi yanada o‘tkirlashdi. Farziylar buni kutmagan edilar. U shunday dedi: "Siz Isroilning rahnamolari, yahudiy ustozlarisiz. Ammo orangizda ko‘zlarni ochishga qodir bo‘lgan bir Zot bor-u, siz Uning qayerdan kelganini bilmaysiz. Bu sizlar uchun uyat!

9:31 Endi ko‘zi ochilgan kishi guvohlik berishda dadilroq bo‘ldi. Uning iymoni kuchaydi. U ularga Xudo odatda gunohkorlarni tinglamasligini va ular orqali mo‘jizalar yaratmasligini eslatdi. Xudo yomonlik qiluvchilarni yoqtirmaydi va ularga ulug‘ ishlarni qilish qudratini bermaydi. Ammo Xudoni ulug‘lovchi odam Uning marhamatiga sazovor bo‘ladi va Xudo uni tinglaganiga ishonch hosil qiladi.

9:32−33 Bu odam insoniyat tarixida tug‘ma ko‘rlar orasida birinchi bo‘lib ko‘ra olganini angladi. U bunday mo‘jizani ko‘rgan farziylar nima uchun uni yaratgan Zotga ta’na qilayotganlarini tushunolmasdi.

Agar Rabbimiz Iso Xudodan bo‘lmaganida, U hech qachon bunday g‘ayritabiiy mo‘jizalar yarata olmagan bo‘lardi.

9:34 Farziylar yana o‘sha odamni koyishga tushdilar. Ular bu odamning ko‘r bo‘lib qolishi bevosita uning gunohlari natijasi ekanini aytishdi. Ularga ta’lim berishga uning qanday haqqi bor edi? Aslida, u ta’lim berishga to‘la haqli edi, chunki Rayl aytganidek: "Muqaddas Ruhning ta’limi boy va o‘qimishli odamlarga qaraganda oddiy xalq orasida ko‘proq kuzatiladi." Uni haydab chiqarishdi deganda, faqat ibodatxonadan emas, balki yahudiy dinidan ham chetlatilgani nazarda tutilgan bo‘lishi mumkin. Xo‘sh, uni chetlashtirishga nima sabab bo‘ldi? Tug‘ma ko‘rga shanba kuni ko‘rish qobiliyati qaytarildi. U mo‘jizani Yaratgan Zot haqida hech qanday yomon gap aytmagani uchun haydaldi.

9:35 Shunda Iso o‘sha odamni izlab topdi. Ehtimol, U: "Agar ular seni rad etishgan bo‘lsa, Men qabul qilaman", degan bo‘lishi mumkin. Iso tufayli quvg‘in qilingan kishi hech narsa yo‘qotmaydi, aksincha katta barakalarga ega bo‘ladi, chunki Iso uni qabul qiladi va do‘stligini taklif etadi. Qarang, Rabbimiz Iso qanday qilib shifo topgan kishini O‘zining Xudoning O‘g‘li ekanligiga ishontiryapti! U oddiy savol berdi: "Sen Xudoning O‘g‘liga ishonasanmi?"

9:36 Garchi ko‘zi ochilgan bo‘lsa-da, u hali ham ma’naviy ko‘rishga muhtoj edi. U Rabbidan Xudoning O‘g‘li kimligini so‘radi, toki Unga ishona olsin. Bu yerda "Rabbiy" so‘zi oddiy "Janob" ma’nosida ishlatilgan.

9:37 Endi Iso ko‘zi ochilgan odamga O‘zini Xudoning O‘g‘li deb tanishtirdi. U shunchaki ko‘z nurini ato etgan va hayotidagi imkonsiz narsalarni amalga oshirgan odam emas edi. U Xudoning O‘g‘li bo‘lib, uni ko‘rib turgan va u bilan gaplashayotgan Zot edi.

9:38 Shunda haligi odam soddalik va quvonch bilan Rabbimiz Isoga ishonib, tiz cho‘kdi va Unga sajda qildi. Endi u najot topgan va shifo topgan odamga aylandi. Bu kun uning hayotida qanday ulug‘ kun bo‘ldi! U ham jismoniy, ham ruhiy ko‘rish qobiliyatiga ega bo‘ldi.

E’tibor bering: ko‘zi ochilgan odam Isoning Xudoning O‘g‘li ekanini bilmaguncha Unga sajda qilmadi. U yahudiy ta’limotida tarbiyalangani uchun oddiy odamga sajda qilolmasdi. Ammo uni davolagan Zotning Xudoning O‘g‘li ekanini bilgach, Unga sajda qildi - Uning qilmishi uchun emas, balki Uning kim ekanligi uchun.

9:39 Bir qarashda bu oyat Yuhanno 3:17 ga zid ko‘rinsa-da, aslida bu yerda hech qanday ziddiyat yo‘q. Masihning dunyoga kelishidan maqsad hukm chiqarish emas, balki qutqarish edi. Ammo Uni qabul qilmaganlarning barchasi hukmdan qochib qutula olmaydi.

Injil va’zi ikki xil ta’sir ko‘rsatadi. O‘z ko‘rligini tan olgan kishi ko‘ra boshlaydi. Ammo Rabbimiz Isosiz ham mukammal ko‘rish qobiliyatiga ega ekanligini ta’kidlaydigan kishi ko‘r bo‘lib qoladi.

9:40 Ba’zi farziylar Iso ular va ularning ko‘rligi haqida gapirayotganini anglab yetishdi. Ular Uning oldiga kelib, g‘azab bilan so‘rashdi: "Nahotki U bizni ham ko‘r demoqchi bo‘lsa?" Ularning savoli inkor javobini kutgan edi.

9:41 Rabbimizning javobini quyidagicha talqin qilish mumkin: "Agar siz ko‘rligingizni, gunohkorligingizni va Najotkorga muhtojligingizni tan olsangiz, gunohlaringiz kechirilishi va najot topishingiz mumkin. Biroq siz hech narsaga muhtoj emasligingizni aytmoqdasiz. O‘zingizni solih va begunoh deb da’vo qilmoqdasiz.

Shu sababli gunohingiz o‘zingizda qoladi va sizga hech qanday kechirim yo‘q". Iso: "...unday bo‘lganida, gunohingiz bo‘lmas edi", deganida, ularning mutlaqo begunoh bo‘lishlarini nazarda tutmagan edi. Aksincha, U ularning nisbatan kam gunohkor bo‘lishlarini nazarda tutgan. Agar ular Uni Masih sifatida tan olishlariga to‘sqinlik qilgan ko‘rliklarini tan olganlarida, ularning gunohi ko‘ra olish qobiliyatiga ega ekanliklarini da’vo qilish va shu bilan birga Uni Xudoning O‘g‘li deb tan olishni istamaslikdek ulkan gunoh oldida hech narsa bo‘lmas edi.

Muqaddas Kitob ONLINE

1 Iso yo‘lda ketayotib, bir tug‘ma ko‘r odamni ko‘rib qoldi.
2 Shogirdlari Isodan so‘radilar: — Ustoz, kimning gunohi uning ko‘r bo‘lib tug‘ilishiga sababchi bo‘ldi? O‘zinikimi yoki ota– onasinikimi?
3 Iso shunday javob berdi: — Bu odamning gunohi ham, ota–onasining gunohi ham bunga sabab bo‘lmagan. Xudoning ishlari unda namoyon bo‘lishi uchun u ko‘r tug‘ilgan.
4 Kun yorug‘ ekan, Meni Yuborganning ishlarini qilishimiz lozim. Ana tun kelyapti, o‘shanda hech kim ish qila olmaydi.
5 Men olamda bor ekanman, olamning nuridirman.
6 Iso bularni aytdi–yu, yerga tupurdi, tupukdan loy qilib, ko‘rning ko‘zlariga surtdi.
7 So‘ng unga shunday dedi: — Borib, Siloam hovuzida yuvingin (Siloam — “Yuborilgan” demakdir). Ko‘r odam borib yuvindi va ko‘ra oladigan bo‘lib qaytdi.
8 Shunda uning qo‘shnilari va ilgari uning sadaqa so‘raganini ko‘rgan odamlar: — Bu haligi tilanchilik qilib o‘tirgan odam emasmi? — deb so‘rashardi.
9 Ba’zilar: — Bu xuddi o‘sha, — desalar, boshqalar: — Yo‘q, o‘shanga o‘xshaydi, xolos, — deyishardi. Odamning o‘zi esa: — O‘sha menman, — deb ta’kidlardi.
10 — Unday bo‘lsa, ko‘zlaring qanday ochildi? — deb so‘radilar.
11 — Iso degan Kishi loy qilib, ko‘zlarimga surtdi–yu, “Borib, Siloam hovuzida yuvingin”, dedi. Men borib yuvindim va ko‘radigan bo‘lib qoldim, — dedi shifo topgan ko‘r.
12 — O‘sha Odam qani? — deb so‘radilar. — Bilmayman, — deb javob berdi u.
13 Ilgari ko‘r bo‘lgan o‘sha odamni farziylarning oldiga keltirishdi.
14 Iso loy qilib, ko‘rning ko‘zlarini ochgan kun Shabbat kuni edi.
15 15Farziylar ham bu odamdan ko‘zlari qanday ochilganini so‘radilar. — U ko‘zlarimga loy surtdi. Men yuvindim–u, ko‘zlarim ko‘radigan bo‘ldi, — dedi haligi odam. Shuning uchun
16 farziylardan ba’zilari: — Ko‘zlaringni ochgan Odam Xudodan emas, chunki U Shabbat kuniga rioya qilmayapti, — dedilar. Boshqalari esa: — Gunohkor odam bunday mo‘jizali alomatlarni qanday qila oladi? — deyishdi. Shunday qilib, oralarida kelishmovchilik paydo bo‘ldi.
17 Shunda farziylar ko‘r odamdan yana so‘radilar: — U Kishi haqida sen nima deysan? U sening ko‘zlaringni ochdi–ku! — U payg‘ambar, — deb javob berdi ko‘r.
18 Biroq yahudiylar ko‘zlari ochilgan odamning ota–onasini chaqirtirmaguncha, uning ilgari ko‘r bo‘lganiga va ko‘zlari ochilganiga ishonmadilar.
19 Ular ko‘rning ota–onasiga shunday savol berdilar: — Ko‘r tug‘ilgan, deb aytgan o‘g‘lingiz shumi? Xo‘sh, endi qanday qilib uning ko‘zlari ko‘ryapti?
20 Ota–onasi javob berishdi: — Bu bizning o‘g‘limiz ekanligini bilamiz. Uning ko‘r tug‘ilganini ham bilamiz.
21 Lekin qanday qilib ko‘zlari ko‘rayotganini va ko‘zlarini kim ochganini biz bilmaymiz. U balog‘atga yetgan, o‘zidan so‘ranglar. O‘zi uchun o‘zi javob bersin.
22 Ko‘rning ota–onasi yahudiylardan qo‘rqqanlari uchun shunday dedilar. Din arboblari bundan avval, kim Isoning Masihligini tan olsa, sinagogadan chetlashtirilsin, deb qaror qilgan edilar.
23 Ana shu sababdan ko‘rning ota–onasi: “U balog‘atga yetgan, o‘zidan so‘ranglar”, — deb aytishgandi.
24 Shunday qilib, ilgari ko‘r bo‘lgan odamni ikkinchi marta chaqirib, deyishdi: — Rostini aytaman, deb Xudoning nomi bilan qasam ich! Biz u Odamning gunohkorligini bilamiz.
25 Ko‘r shunday javob berdi: — U gunohkormi, yo‘qmi, men bilmayman. Shuni bilamanki, men ko‘r edim, endi esa ko‘zlarim ko‘ryapti.
26 — U senga nima qildi? Ko‘zlaringni qanday ochdi? — deb undan so‘radilar.
27 — Sizlarga aytib berdim–ku, ammo sizlar quloq solmadingizlar! Nega buni yana eshitmoqchisizlar?! Nahotki sizlar ham Uning shogirdlari bo‘lmoqchisizlar?! — dedi u odam.
28 Yahudiylar esa uni haqoratlab, deyishdi: — Sen o‘zing Uning shogirdisan! Biz esa Musoning shogirdlarimiz!
29 Musoga Xudo gapirganini bilamiz. Bu Kishi–chi, Uning qayerdanligini ham bilmaymiz.
30 Ko‘zi ochilgan odam shunday javob berdi: — Ana shunisi juda ajablanarli–da! Sizlar Uning qayerdanligini bilmaysizlar, U esa ko‘zlarimni ochgan!
31 Gunohkorlarga Xudo quloq solmasligini bilamiz. Uning irodasiga amal qilgan taqvodorlarga esa Xudo quloq soladi.
32 Tug‘ma ko‘rning ko‘zlarini biror kishi ochganligi hayotda eshitilmagan gap.
33 Agar U Kishi Xudodan bo‘lmaganda edi, hech narsa qilolmasdi.
34 Yahudiylar bunga javoban: — Sen butunlay gunoh ichida tug‘ilgansan, endi bizga aql o‘rgatyapsanmi?! — deyishdi–da, uni sinagogadan haydab chiqarishdi.
35 O‘sha odamning haydab chiqarilganligini Iso eshitdi–yu, uni qidirib topdi. — Sen Inson O‘g‘liga ishonasanmi? — deb so‘radi undan.
36 U odam esa Isoga dedi: — Hazrat, U kimdirki, men Unga ishonsam?
37 — Uni ko‘rib turibsan, U bilan gaplashib turibsan, — dedi Iso.
38 Shunda u odam: — Ishonaman, yo Rabbiy, — dedi–da, Isoga sajda qildi.
39 Iso: — Ko‘rlar ko‘rsin, ko‘zi ochiqlar esa ko‘r bo‘lsin, deb Men bu dunyoni hukm qilgani kelganman, — dedi.
40 Uning atrofida ba’zi farziylar turgan edi. Ular bu gapni eshitgach: — Nahotki bizlar ham ko‘r bo‘lsak? — deb so‘rashdi.
41 Iso ularga dedi: — Agar ko‘r bo‘lganingizda, gunohda ayblanmas edingiz. Lekin sizlar “Ko‘zlarimiz ko‘ryapti”, deganingiz uchun, gunohingiz o‘z bo‘yningizda qoladi.