Kitobook.com
AudiokitoblarSimfoniyaGuvohliklarVIDEOUzMusic
KITOBLARAudiokitoblarҲикоялар китобиUZMUSICKINOLAR & MultfimlarNAJOT XABARIXushxabar hikoyalariQaraqalpaqsha KitapUzLatin
MakDonaldning Injil kitobiga o'zbek tilidagi sharhlari

Yuhanno Muqaddas xushxabar: 10Bob

Azərbaycan dilində Müqəddəs Kitab

L. Iso - qo‘ylar uchun eshik (10:1−10)

10:1 Bu oyatlar 9-bobning oxirgi qismi bilan chambarchas bog‘liq. U yerda Iso Masihning o‘zlarini Isroil xalqining qonuniy cho‘ponlari deb da’vo qilgan farziylar bilan suhbati tasvirlangan. Hazrati Iso aynan ularga murojaat qilgan. U aytmoqchi bo‘lgan gapning jiddiyligini "Haqiqatni, haqiqatni sizlarga aytaman..." degan ibora ko‘rsatib turibdi.

Qo‘yxona qo‘ylar tunash uchun yashirinadigan atrofi o‘ralgan maydon edi. Bu hudud eshik vazifasini o‘taydigan darvozasi bor devor bilan o‘ralgan edi. Bu yerda "qo‘yxona" yahudiy xalqiga ishora qilmoqda.

Yahudiy xalqining ma’naviy rahbari va yo‘lboshchisi bo‘lishni istab kelganlar ko‘p edi. Ular o‘zlarini "Masih" deb e’lon qilishdi. Biroq ular Eski Ahdda Masih uchun bashorat qilingan yo‘ldan yurishmadi. Ular boshqa yo‘ldan kirishdi.

Ular Isroil xalqi oldida o‘zlari xohlagan tarzda namoyon bo‘lishdi. Bu odamlar haqiqiy cho‘ponlar emas, balki o‘g‘ri va qaroqchilar edi. O‘g‘ri - o‘ziga tegishli bo‘lmagan narsani oluvchi, qaroqchi esa zo‘ravonlikni ham qo‘llovchi kimsadir. Farziylar o‘g‘ri va qaroqchilar edi. Ular Isroil xalqini boshqarishga intilib, haqiqiy Masihning qabul qilinishiga to‘sqinlik qilish uchun qo‘llaridan kelganini qilishdi. Ular Isoga ergashganlarni ta’qib qilishdi va oxir-oqibat Isoni o‘limga hukm etishdi.

10:2 Bu oyat Isoning o‘zi haqida gapiryapti. U Isroil xonadonining yo‘qolgan qo‘ylari oldiga keldi. U haqiqiy Cho‘pondir. U eshikdan kirdi, ya’ni Uning kelishi Eski Ahdning Masih haqidagi barcha bashoratlariga mos keldi. U o‘zini Xaloskor deb atamadi, balki Otasining irodasiga to‘liq bo‘ysunib keldi. U barcha talablarga javob berdi.

10:3 Bu oyatdagi darvozabonni aniqlashda katta bahslar bor. Ba’zilar bu so‘z Masihning kelishini bashorat qilgan Eski Ahd payg‘ambarlarini anglatadi deb hisoblaydilar. Boshqalar bu yerda Yahyo payg‘ambar nazarda tutilgan, chunki u haqiqiy Cho‘ponning o‘tmishdoshi bo‘lgan, deb o‘ylashadi. Yana ba’zilar bu oyatdagi darvozabon Hazrati Isoni qalblarga va hayotga kiritish uchun eshikni ochayotgan Muqaddas Ruh ekaniga ishonishadi.

Qo‘ylar cho‘ponning ovoziga quloq soladilar.

Ular uning ovozini haqiqiy cho‘ponning ovozi deb taniydilar. Oddiy qo‘y o‘z cho‘ponining ovozini tanigani kabi, yahudiylar orasida ham Masih kelganida uni tanib olganlar topildi. Injilning har bir joyida biz Cho‘ponning O‘z qo‘ylarini ismlarini aytib chaqirganini ko‘ramiz. Birinchi bobda Iso bir necha shogirdini chaqirgan edi, ular hammasi Uning ovozini eshitib, javob berishdi. U 9-bobda ko‘rni chaqirdi. Hazrati Iso hamon O‘zini Xaloskor deb qabul qiladiganlarni da’vat etmoqda va bu da’vat har bir kishiga alohida, shaxsan yo‘naltirilgan.

"Va ularni olib chiqadi" degan so‘zlar Iso O‘z ovozini eshitganlarni Isroilning qo‘yxonasidan olib chiqqanini anglatishi mumkin. U yerda ular qulflanib, devor bilan o‘ralgan edi. Qonun ularga hech qanday erkinlik bermasdi. Parvardigor qo‘ylarini O‘z inoyatining erkinligiga olib chiqadi. Oldingi bobda yahudiylar bir kishini ibodatxonadan haydab chiqarishgan edi. Shu bilan birga, ular o‘zlari bilmagan holda Rabbiyning ishiga yordam berishdi.

10:4 Haqiqiy Cho‘pon qo‘ylarini olib chiqqanda, ularni haydamaydi, balki oldinda yuradi. O‘zi qadam bosmagan joyga ularni yubormaydi. U doimo qo‘ylarning oldida ularning Xaloskori, Yo‘lboshchisi va ibrat namunasi sifatida yuradi. Masihning haqiqiy qo‘ylari Unga ergashadilar. Ular Unga taqlid qilganlari uchun emas, balki yangi hayotga ega bo‘lganlari uchun qo‘y bo‘ladilar. Najot topgach, U qayerga boshlasa, o‘sha yerga borishni xohlaydilar.

10:5 Qo‘ylarga haqiqiy cho‘ponning ovozini tanishga imkon beradigan xuddi shu tuyg‘u ularni begonadan qochishga undaydi. Begonalar - bu farziylar va boshqa yahudiy rahbarlari bo‘lib, ular qo‘ylarni faqat o‘z manfaatlari uchun istadilar. Buning yaqqol misoli - ko‘rish qobiliyatiga ega bo‘lgan odam. U nafaqat Rabbimiz Isoning ovozini eshitdi, balki farziylar begona ekanini ham angladi. Shuning uchun u ularga bo‘ysunishdan bosh tortdi, garchi bu ibodatxonadan haydab chiqarilishiga olib kelgan bo‘lsa ham.

10:6 Bu yerda Iso bu masalni farziylarga aytgani, ammo ular tushunmagani aniq ko‘rsatilgan, chunki ular haqiqiy qo‘ylar emasdi. Agar ular shunday bo‘lganlarida edi, Uning ovozini eshitib, Unga ergashgan bo‘lardilar.

10:7 Shunda Iso yana bir misol keltirdi. U endi 2-oyatdagi kabi qo‘yxona eshigi haqida gapirmadi. Bu yerda U O‘zini qo‘ylar uchun eshik deb atadi. Endi gap Isroil qo‘yxonasining eshigidan kirishda emas, balki Isroilning tanlangan qo‘ylari yahudiylikdan chiqib, Masihga - eshikka kelishida edi.

10:8 Masihdan oldin kelganlarning hammasi hokimiyat va yuqori martabaga erishishni orzu qilishgan. Ammo Isroilning tanlangan qo‘ylari ularni eshitmadilar, chunki ular qonuniy ravishda o‘zlariga tegishli bo‘lmagan narsaga da’vo qilayotganlarini bilar edilar.

10:9 9-oyat yakshanbalik maktab o‘quvchilari osonlik bilan tushuna oladigan va ko‘p bilimga ega olimlar uchun doimo fikrlash uchun manba bo‘ladigan ajoyib oyatlardan biridir. Masih - eshikdir. Xristianlik e’tiqod yoki cherkov emas. U Shaxsdir, va bu Shaxs Rabbimiz Iso Masihdir. "Kim Men orqali kirsa". Najotga faqat Masih orqali erishish mumkin. Suvga cho‘mish yoki Qutlug‘ Kechlik marosimida ishtirok etish orqali emas. Biz Masih orqali va U belgilagan yo‘l bilan kirishimiz kerak. Hamma taklif qilingan. Masih ham yahudiylar, ham majusiylarning Najotkoridir. Biroq qutulish uchun inson kirishi kerak. U Masihni imon bilan qabul qilishi lozim. Bu shaxsiy qadamdir, usiz najot yo‘q. Kirgan kishi jazolashdan, gunohning hukmronligidan va oxir-oqibat uning mavjudligidan qutuladi.

Najot topgach, ular kiradilar va chiqadilar. Bu yerda ular imon bilan Xudoning huzuriga kirish va Unga sajda qilish, so‘ngra dunyoga chiqib Rabbga guvohlik berish haqidagi fikr yashiringan bo‘lishi mumkin. Har holda, bu Rabbga xizmat qilishda to‘liq xavfsizlik va erkinlik tasviridir.

Kirganlar yaylovlarni topadilar. Masih nafaqat qutqaradi va ozod qiladi, balki himoya qiladi va to‘ydiradi ham. Uning qo‘ylari Xudoning Kalomida ozuqa topadilar.

10:10 O‘g‘rining maqsadi - o‘g‘irlash, o‘ldirish va halok qilishdir. U faqat xudbinlik sababli keladi. Shaxsiy istaklarini qondirish uchun hatto qo‘ylarni ham o‘ldiradi. Ammo Rabbimiz Iso inson qalbiga xudbinlik uchun kelmaydi. U olish uchun emas, berish uchun keladi. U insonlar hayotga ega bo‘lishi va uni mo‘l-ko‘l qilib olishi uchun keladi. Biz Uni Najotkorimiz sifatida qabul qilgan paytda hayotga ega bo‘lamiz. Najotga erishgach, hayotdan zavqlanishning turli darajalari mavjudligini anglaymiz. Muqaddas Ruh bizda qanchalik ko‘p harakat qilsa, berilgan hayotdan shunchalik ko‘p lazzatlanamiz. Shunda biz nafaqat hayotga ega bo‘lamiz, balki uni mo‘l-ko‘l qilib olamiz.

M. Iso, yaxshi cho‘pon (10:11−18)

10:11 Rabbimiz Iso ko‘p marta Xudoning nomlaridan biri bo‘lgan "Men borman" iborasini ishlatgan. Har safar U O‘zini Ota Xudo bilan tenglashtirishga da’vo qilardi. Bu yerda U O‘zini qo‘ylari uchun jonini beradigan yaxshi cho‘pon sifatida taqdim etdi. Odatda qo‘ylar cho‘pon uchun jonini berishga majbur bo‘ladi. Ammo Rabbimiz Iso suruvni deb o‘ldi.

Qurbonlik qonini to‘kishga

Bu Cho‘ponni rahm-shafqat yetakladi.

U bizning o‘rnimizga ixtiyoriy ravishda o‘ldi,

Biz bilan dushman orasida turish uchun.

(Tomas Kelli)

10:12 Yollanma ishchi - bu pul uchun xizmat qiluvchi kishidir. Masalan, cho‘pon qo‘ylarga g‘amxo‘rlik qilish uchun boshqa birovga haq to‘lashi mumkin. Farziylar yollanma ishchilar edi. Ularning odamlarga qiziqishi evaziga oladigan pullariga asoslangan edi. Yollangan odamning qo‘ylari o‘ziniki emas. Xavf tug‘ilganda u qochib ketadi va qo‘ylarni bo‘rilar yemishi uchun tashlab ketadi.

10:13 Bizning xatti-harakatlarimiz asl mohiyatimizdan kelib chiqadi. Yollanma ishchi haq uchun xizmat qiladi. U qo‘ylarga e’tibor bermaydi. Uni ularning xavfsizligi emas, balki o‘z farovonligi ko‘proq qiziqtiradi. Bugungi kunda cherkovda Xudoning qo‘ylarini chin dildan sevmaydigan va xizmatni shunchaki qulay kasb sifatida tanlaydigan ko‘plab yollanma xizmatkorlar bor.

10:14 Yana Rabbimiz O‘zini yaxshi cho‘pon sifatida tasvirlaydi. Yaxshi (yunoncha kalos) bu yerda "mukammal, munosib, eng yaxshi, tengsiz" degan ma’noni anglatadi.

Unda bu sifatlarning barchasi mavjud. Keyin U O‘zi va qo‘ylari o‘rtasidagi juda yaqin munosabatlar haqida gapiradi. U O‘zinikilarnini biladi, O‘zinikilar ham Uni biladi. Bu ajoyib haqiqatdir!

10:15 Bu oyat oldingi oyatning davomidir: "...va Men O‘zimnikilarnini bilaman, O‘zimniklar ham Meni biladi: Otam Meni bilgani kabi, Men ham Otamni bilaman". Bu haqiqatan ham hayratlanarli haqiqatdir! Rabbimiz qo‘ylar bilan munosabatini O‘zi va Otasi o‘rtasidagi munosabatga tenglashtiryapti. Cho‘pon va qo‘ylar o‘rtasida xuddi Ota va O‘g‘il o‘rtasidagi kabi birlik, umumiylik, yaqinlik va anglash mavjud. "Va qo‘ylarim uchun jonimni beraman", - deb qo‘shib qo‘ydi U. Yana bir bor, biz Rabbimiz Isoning gunohkorlarni qutqarish uchun xochda o‘lishini kutayotgani haqidagi ko‘plab bayonotlaridan birini ko‘ryapmiz.

10:16 16-oyat butun bobning kalitidir. Rabbimiz bu yerda tilga olgan boshqa qo‘ylar - majusiylardir. Uning dunyoga kelishi asosan Isroil qo‘ylari uchun mo‘ljallangan bo‘lsa-da, U majusiylarni qutqarishni ham nazarda tutgan. Majusiy qo‘ylar yahudiylar qo‘rasiga tegishli emas edi. Ammo Rabbimiz Isoning buyuk qalbi bu qo‘ylarga ham rahm-shafqat ko‘rsatdi va Xudoning irodasi bilan ularni ham O‘ziga olib kelishi kerak edi.

U ularning Uning ovozini eshitishga yahudiylardan ko‘ra ko‘proq tayyor ekanliklarini bilardi.

Oyatning so‘nggi qismida yahudiylik qo‘rasidan masihiylik suruvi tomon juda muhim o‘tish mavjud. Bu oyat bizga Masihda birlashadigan yahudiy va majusiylarning kelajagiga qisqa nazar tashlash imkonini beradi; bu xalqlar o‘rtasidagi avvalgi farqlar yo‘qoladi.

10:17 17 va 18-oyatlarda Rabbimiz Iso tanlangan yahudiy va majusiylarni O‘ziga jalb qilish uchun nima qilishini tushuntirgan. U O‘zining o‘limi, dafn etilishi va o‘likdan tirilishini intizorlik bilan kutardi. Agar Rabbimiz Iso oddiy inson bo‘lganida, bu so‘zlar mutlaqo o‘rinsiz bo‘lardi. U O‘z hayotini berib, uni yana O‘z xohishi bilan qaytarib olishi haqida gapirdi. Buni faqat U qila olardi, chunki U Xudodir. Ota Rabbimiz Isoni shuning uchun sevardiki, U yo‘qolgan qo‘ylar najot topishi uchun o‘lishga va qayta tirilishga tayyor edi.

10:18 Hech kim Rabbimizning hayotini tortib ololmasdi. U Xudo, demak, O‘z maxluqlarining barcha qotillik fitnalaridan ustun turadi. U O‘z jonini berishga ham, uni yana qabul qilishga ham qodir edi. Lekin Iso Masihni odamlar o‘ldirmaganmidi? Ha, odamlar. Bu haqda Havoriylarning faoliyati (2:23) va 1 Salonikaliklarga (2:15) maktubida aniq aytilgan.

Iso Masih ularga shunday qilishlariga yo‘l qo‘yib berdi va bu Uning jonini fido qilish qudratining bir ko‘rinishi edi. Bundan tashqari, U "ruhini topshirdi" (Yuhanno 19:30); bu Uning shaxsiy kuchi va irodasining namoyon bo‘lishi edi.

"Men bu amrni Otamdan olganman". Ota Masihga jon berishni va qayta tirilishni buyurdi. Uning o‘limi va tirilishi Otasining irodasini bajarish uchun zarur edi. Shuning uchun U o‘limga bo‘ysundi va Muqaddas Kitobga ko‘ra, uchinchi kuni yana tirildi.

N. Yahudiylar o‘rtasidagi ixtilof (10:19−21)

10:19 Rabbimiz Isoning so‘zlari yahudiylar o‘rtasida navbatdagi kelishmovchilikka sabab bo‘ldi. Masihning yerga, uylarga va odamlar qalbiga kelishi tinchlikni emas, balki ajralishni olib keladi. Uni Rabb va Najotkor sifatida qabul qilgandagina, inson Xudodagi tinchlikni anglay oladi.

10:20−21 Hazrati Iso yashab o‘tgan yagona mukammal Inson edi. U biror marta yolg‘on gapirmagan, yomonlik qilmagan. Ammo inson qalbi shu qadar buzilgan ediki, U sevgi va donishmandlik so‘zlari bilan kelganida, odamlar uni jin urgan va aqldan ozgan, so‘zlari e’tiborga loyiq emas, deyishardi. Bu, albatta, insoniyatga or keltiradi. Boshqalar esa boshqacha fikrda edi. Ular Rabbimiz Isoning so‘zlari va ishlarini shayton emas, balki ezgu Inson qila olishini tan oldilar.

O. Iso o‘z ishlari bilan Masih ekanligini isbotladi (10:22−39)

10:22 Hikoyada 21 va 22-oyatlar orasida tanaffus bor. Iso endi farziylar bilan emas, umuman yahudiylar bilan gaplashdi. Bu oyatlar orasida qancha vaqt o‘tganini bilmaymiz. Aytgancha, bu yerda, Muqaddas Kitobda yagona marta Yangilanish bayrami yoki yahudiycha Xanukka tilga olinadi. Bu bayram miloddan avvalgi 165-yilda Antiox Epifan tomonidan harom qilinganidan keyin ma’bad qayta muqaddaslashtirilganida Yahudo Makkavey tomonidan joriy qilingan deb hisoblanadi. Bu har yilgi bayram bo‘lib, Rabb tomonidan emas, yahudiylar tomonidan belgilangan edi. Qish nafaqat taqvim bo‘yicha, balki ma’naviy jihatdan ham edi.

10:23−24 Masihning jamoat xizmati deyarli tugagan edi va U xochda o‘lish orqali Xudo Otaga to‘liq bag‘ishlanganligini ko‘rsatmoqchi edi. Sulaymon ayvoni Hirod ibodatxonasi bilan tutash joylashgan yopiq hovli edi. Rabbimiz yurgan joyda bo‘sh maydon ko‘p bo‘lib, yahudiylar Uning atrofiga to‘plandilar.

Yahudiylar Uni o‘rab olib: "Qachongacha bizni shubhada qoldirasan? Agar Masih bo‘lsang, ochiq ayt", dedilar.

10:25−26 Iso ularga O‘z so‘zlari va ishlarini yana bir bor eslatdi. U ko‘pincha ularga O‘zining Masih ekanini va U yaratgan mo‘jizalar Uning da’volari haqligini isbotlashini aytardi. U o‘z Otasining qudrati va Otasining ulug‘vorligi uchun mo‘jizalar yaratganini yahudiylarga yana bir bor eslatdi. Shu bilan U, haqiqatan ham, Otasi dunyoga yuborgan Zot ekanligini ko‘rsatdi. Ularning Masihni qabul qilishni istamaganlari, Uning qo‘ylaridan emasliklarini isbotlardi. Agar ular Unga tegishli bo‘lishni xohlashganda edi, albatta, Unga ishongan bo‘lardilar.

10:27 Keyingi bir necha oyat Masihning hech bir qo‘yi halok bo‘lmasligini aniq ko‘rsatib turibdi. Mo‘minning abadiy xavfsizligi buyuk haqiqatdir. Masihning haqiqiy qo‘ylari Uning ovozini eshitadilar. Ular Xushxabar e’lon qilinayotganda uni eshitadilar va Unga ishonib, javob beradilar.

So‘ngra Uning ovozini har kuni eshitadilar va Uning Kalomiga itoat qiladilar. Rabbimiz Iso O‘z qo‘ylarini biladi. U har bir qo‘yni ismini biladi. Birortasi Uning e’tiboridan chetda qolmaydi. Undan e’tiborsizlik yoki beparvolik tufayli hech kim adashib qolmaydi. Masihning qo‘ylari avval Unga bo‘lgan najotbaxsh ishonch orqali, keyin esa itoatkorlik bilan Unga ergashadilar.

10:28 Masih O‘z qo‘ylariga abadiy hayot beradi. Bu hayot to abad davom etadi. Bu hayot ularning xulq-atvoriga bog‘liq emas. Bu - oxiri yo‘q abadiy hayotdir. Ammo abadiy hayot hayotning sifati hamdir. Bu Rabbimiz Isoning hayotidir. Bu hayot Xudo bu yerda, bu dunyoda bergan hamma narsadan bahramand bo‘lishga qodir va bizning samoviy makonimizga aynan mos keladi. Quyidagi so‘zlarga alohida e’tibor bering: "...va abadiy halok bo‘lmaydilar." (Yunon tilida bu yerda kuchaytirish uchun qo‘sh inkor ishlatilgan.) Agar Masihning qo‘ylaridan birortasi halok bo‘lsa, Rabbimiz Iso va’dasini bajarmagan bo‘lib qolardi, bu esa mumkin emas. Iso Masih Xudodir va U muvaffaqiyatsizlikka uchrashi mumkin emas. U bu oyatda hech bir qo‘y Uning irodasi bilan do‘zaxda abadiy qolmasligini va’da qilgan.

Bu insonning najot topib, keyin o‘z xohishiga ko‘ra yashashi mumkinligini anglatadimi? U najot topib, so‘ng bu dunyoning gunohli lazzatlariga berilib ketishi mumkinmi? Yo‘q, u endi bunday qilishni istamaydi. U Cho‘ponga ergashishni xohlaydi. Biz nasroniy bo‘lish yoki najotni saqlab qolish uchun nasroniycha hayot kechirmaymiz. Biz xristian bo‘lganimiz uchun xristiancha hayot kechiramiz. Biz muqaddas hayot kechirishni najotimizni yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqqanimiz uchun emas, balki biz uchun jon bergan Zotga shukrona sifatida istaymiz. Abadiy xavfsizlik haqidagi ta’limot yengil-yelpi hayotni rag‘batlantirmaydi, aksincha muqaddas hayot kechirish uchun kuchli turtki bo‘lib xizmat qiladi.

Hech kim imonlini Masihning qo‘lidan tortib ololmaydi. Uning qo‘li qudratlidir. U dunyoni yaratgan va hozir ham uni saqlab turibdi. Uning qo‘lidan qo‘ylarni tortib oladigan kuch yo‘q.

10:29 Imonli kishi nafaqat Masihning qo‘lida, balki Otaning qo‘lida hamdir. Bu - ikki tomonlama xavfsizlik kafolatidir. Ota Xudosi hammadan ulug‘dir va hech kim imonlilarni Otaning qo‘lidan tortib ololmaydi.

10:30 Endi Hazrati Iso Xudo bilan tenglikka yana bir da’vo qo‘shdi: "Men va Otam birmiz." Bu yerda Masih va Otaning teng hokimiyatga ega ekanligi nazarda tutilgan bo‘lsa kerak. Iso hozirgina Masihning qo‘ylarini himoya qilish qudrati haqida gapirgan edi. Shuning uchun U O‘z hokimiyati Xudoning hokimiyati bilan bir xil ekanini tushuntirdi. Albatta, Xudoning boshqa barcha xususiyatlariga nisbatan ham shunday. Rabbimiz Iso Masih to‘liq Xudo bo‘lib, har jihatdan Ota bilan tengdir.

10:31 Yahudiylar Najotkor nimani nazarda tutganini darhol tushunishdi. Ular U O‘zining ilohiyligini ochiq e’lon qilayotganini angladilar. Shuning uchun Uni toshbo‘ron qilmoqchi bo‘lib, yana toshlarga yopishdilar.

10:32 Ular tosh otishdan oldin, Iso ularga Otasi tomonidan ko‘rsatilgan ko‘plab ezgu ishlarni eslatdi. So‘ngra ulardan: "Qaysi ishim uchun meni toshbo‘ron qilmoqchisizlar?" - deb so‘radi.

10:33 Yahudiylar Uni mo‘jizalari uchun toshbo‘ron qilmoqchi ekanliklarini inkor etishdi. Aksincha, ular Uni Xudoga kufr keltirdi deb o‘ylab, toshbo‘ron qilmoqchi bo‘ldilar, chunki U O‘zini Ota Xudo bilan teng qilayotgan edi. Ular Uning oddiy insondan ustun ekanini tan olishni istamasdilar. Ammo Uning so‘zlaridan, U O‘zini Xudo qilayotgani ularga aniq ko‘rinib turardi. Ular bunga yo‘l qo‘yisholmasdi.

10:34 Shunda Hazrati Iso yahudiylarga Zabur 81:6 dan iqtibos keltirdi. U buni qonunning bir qismi deb atadi. Ya’ni, bu oyat ular ilohiy Kalom deb e’tirof etgan Eski Ahddan olingan edi. Oyat to‘liq holda shunday jaranglaydi: "Men aytdim: sizlar xudolarsiz, Tangrining o‘g‘illari hammangiz." Zabur Isroil qozilariga qaratilgan edi. Ular haqiqatan ham ilohiy bo‘lganlari uchun emas, balki odamlarni hukm qilishda Xudoning vakillari bo‘lganlari uchun "xudolar" deb atalgan. Ibroniy tilida "xudolar" (elohim) so‘zi aslida "qudratlilar" degan ma’noni anglatadi va qozilar kabi muhim shaxslarga nisbatan qo‘llanilishi mumkin. (Zaburning qolgan qismidan ko‘rinib turibdiki, ular xudolar emas, balki oddiy odamlar bo‘lishgan, chunki ular adolatsiz hukm chiqarishgan va zodagonlarga yoqish uchun adolatni buzishgan.)

10:35 Rabbimiz Zaburdagi ushbu oyatni keltirib, Xudo "xudolar" so‘zini O‘z kalomi yo‘llangan odamlarni tasvirlash uchun ishlatganini ko‘rsatdi. Boshqacha aytganda, bu odamlar Xudoning elchilari edi. Ular orqali Xudo Isroil xalqi bilan so‘zlashgan. Ular Xudoning hokimiyati va hukmida Uning vakillari bo‘lib, Xudo tomonidan berilgan muayyan vakolatlarga ega edilar.

"Muqaddas Bitiklar buzilishi mumkin emas," - dedi Rabbimiz, ilohiy ilhomga bo‘lgan ishonchini ifodalab. U Eski Ahd haqida amalga oshishi muqarrar va inkor etib bo‘lmaydigan xatosiz Yozuvlar sifatida gapirdi. Nafaqat fikrlar yoki g‘oyalar, balki Muqaddas Kitobning so‘zlari ham Xudodan ilhomlangan. Uning barcha dalillari yagona "xudolar" so‘ziga asoslanadi.

10:36 Rabbimiz "kichikdan kattaga" qarab muhokama yuritdi. Agar adolatsiz hakamlar "xudolar" deb atalgan bo‘lsa, U O‘zini Xudoning O‘g‘li deyishga qanchalik haqli edi. Ularga Xudoning Kalomi kelgan bo‘lsa, U Xudoning Kalomi edi va hozir ham shunday. Ular xudolar deb atalgan bo‘lsa, U Xudo edi va shundayligicha qoladi. Ular hech qachon o‘zlari haqida: "Ota bizni muqaddaslashtirdi va dunyoga yubordi," - deyolmaydilar. Ular gunohkor Odam Atoning boshqa barcha o‘g‘illari kabi tug‘ilganlar. Ammo Iso Ota tomonidan azaldan dunyoning Najotkoriga aylanish uchun muqaddas qilingan va U Ota bilan birga yashagan samoviy maskanidan yer yuziga yuborilgan edi. Shunday qilib, Iso Xudo bilan teng bo‘lishga to‘la haqli edi. Ammo Iso Otamiz tomonidan azaldan muqaddas qilib qo‘yilgan edi. U Otamiz bilan birga bo‘lgan osmondan dunyoga yuborilgan edi.

U Xudoga kufr keltirmay, Ota bilan teng bo‘lgan Xudoning O‘g‘liman, deb da’vo qildi. Yahudiylarning o‘zlari "xudolar" atamasini faqat Xudoning vakillari yoki hakamlari bo‘lgan gunohkor odamlarga nisbatan ishlatishgan. Agar U haqiqatan ham Xudo bo‘lgan va bo‘lsa, U yana qancha vaqt ushbu unvonga da’vo qilishi mumkin? Samuel Grin juda o‘rinli ta’kidlagan:

Yahudiylar Uni O‘zini Xudo deb ataganlikda aybladilar. U O‘zini Xudo deb ataganini inkor etmadi. Ammo U Xudoga shakkoklik qilganini inkor etdi va bu Uni hatto Ilohiy sharaflarga da’vo qilishda ham to‘liq oqlashi mumkin bo‘lgan asosdir, ya’ni U Masih, Xudoning O‘g‘li, Emmanueldir. Yahudiylarning Uning yuksak da’volaridan voz kechishiga umid qilmaganliklari, nihoyat, doimiy dushmanlik tufayli ayon bo‘ldi. 39-oyatga qarang." (Samuel Grin, "Masihning ilohiyligiga Muqaddas Kitobdagi guvohlik," 7-bet.)

10:37 Najotkor yana O‘zining ilohiy vazifasini isbotlash uchun yaratgan mo‘jizalariga ishora qildi. Ammo iboraga e’tibor bering: "...Otamning ishlari." Mo‘jizalarning o‘zi hali Ilohiylikning isboti emas. Muqaddas Kitobda vaqti-vaqti bilan mo‘jizalar yaratishga qodir bo‘lgan yovuz mavjudotlar haqida o‘qiymiz. Ammo Rabbimizning mo‘jizalari Uning Otasining ishlari edi. Ular Iso Masih ekanligining ikki karra isboti bo‘lib xizmat qilgan. Birinchidan, Eski Ahd bu mo‘jizalar Masih tomonidan amalga oshirilishini bashorat qilgan. Ikkinchidan, ular insoniyatga foyda keltiradigan va hech bir yovuz odam yarata olmaydigan rahm-shafqat mo‘jizalari edi.

10:38 Yaxshiroq tushunish uchun Rayl 38-oyatni quyidagicha ifodaladi:

"Agar Men Otamning ishlarini bajarayotgan bo‘lsam, agar Mening aytganlarimga ishonmasangiz, Mening qilganlarimga ishoning. Agar Mening so‘zlarimning guvohligiga qarshi bo‘lsangiz, Mening ishlarimning guvohligiga rozi bo‘ling. Shunday qilib, Men va Otam bir ekanligimizni, U Men bilan, Men esa U bilan ekanligimizni, Men Uning O‘g‘liman, degan so‘zlarimda hech qanday kufr yo‘qligini bilib olishni o‘rganing."

10:39 Yahudiylar Hazrati Iso avvalgi da’volaridan voz kechish o‘rniga ularni yanada kuchaytirganini tushunishdi. Shuning uchun ular yana bir bor Uni hibsga olishga urindilar, ammo U yana ulardan qochib qutuldi. Uning O‘zini tutishga ruxsat berishini kutish ko‘pga cho‘zilmadi, lekin Uning vaqti hali kelmagan edi.

VI. ALLOH O‘G‘LI XIZMATINING UCHINCHI YILI: PEREYA (10:40−11:57)

A. Iso Iordan ortiga ketadi (10:40−42)

10:40 Rabbimiz yana Iordan daryosining narigi tomoniga, ilgari jamoat xizmatini boshlagan joyiga qaytdi. Ajoyib so‘zlar va ishlar bilan o‘tgan uch yil nihoyasiga yetayotgan edi. U ularni o‘zi boshlagan joyda yakunlardi: yahudiylikning belgilangan tartiblaridan tashqarida, rad etilgan va yolg‘izlik joylarida.

10:41 Uning huzuriga kelganlarning ko‘pchiligi chin e’tiqodli bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Ular U bilan birga sharmanda bo‘lishni, U bilan birga Bani Isroildan chiqishni istar edilar. Bu imonlilar Yahyo payg‘ambarga hurmat bajo keltirishdi. Ular Yuhannoning xizmati qiziqarli yoki shov-shuvli bo‘lmaganini, ammo u haqiqiy bo‘lganini esladilar. Ularning Rabbimiz Iso to‘g‘risida aytgan hamma gaplari Xaloskor xizmatida ro‘yobga chiqdi. Bu har bir masihiyga dalda berishi kerak. Biz buyuk mo‘jizalar yarata olmaymiz yoki o‘zimizga jamoatchilik e’tiborini jalb qila olmaymiz, lekin hech bo‘lmaganda Rabbimiz va Najotkorimiz Iso Masih haqida haqiqiy guvohlik bera olamiz. Bu Allohning nazdida juda qadrlidir.

10:42 Shuni ta’kidlash joizki, Isroil xalqi, umuman olganda, Rabbimiz Isoni qabul qilmagan bo‘lsa-da, ular orasida kamtarin, qabul qiladigan qalblar bor edi. Bizga ma’lum bo‘lishicha, u yerda ko‘pchilik Unga imon keltirdi. Hamma asrlarda ham shunday bo‘ladi: ko‘pchilik Rabbimiz Isoning yonida bo‘lishni istamaydi. Garchi dunyo ularni quvg‘in qilsa, yomon ko‘rsa va nafratlanayotgan bo‘lsa-da, ular Xudoning O‘g‘li bilan muloqot qilishdan zavqlanishadi.

Muqaddas Kitob ONLINE

1 “Sizlarga chinini aytayin: kim qo‘y qo‘rasiga eshikdan kirmay, boshqa yo‘ldan oshib tushsa, u o‘g‘ri va bosqinchidir.
2 Eshikdan kirgan odam esa qo‘ylarning cho‘ponidir.
3 Qorovul unga eshikni ochib beradi. Qo‘ylar uning ovoziga quloq soladi. U esa o‘z qo‘ylarini nomma–nom chaqirib tashqariga olib chiqadi.
4 U o‘z qo‘ylarini qo‘radan olib chiqqanda, ularning oldida boraveradi. Qo‘ylar esa unga ergashadi, chunki ular cho‘ponning ovozini biladilar.
5 Begona kishiga esa ergashmaydilar. Aksincha, begonaning ovozini tanimay, undan qochadilar.”
6 Iso bu matalni aytib berganda, tinglovchilar U nima demoqchi ekanligini tushunmadilar.
7 Shu sababdan Iso yana dedi: “Sizlarga chinini aytay: Men qo‘ylar uchun eshikman.
8 Mendan oldin kelganlarning hammasi o‘g‘ri va bosqinchi edilar. Lekin qo‘ylar ularga quloq solmadilar.
9 Men eshikman. Kim Men orqali kirsa, najot topadi. U kirib chiqib, yaylov ham topadi.
10 O‘g‘ri faqat o‘g‘irlash, bo‘g‘izlash, barbod qilish uchun keladi. Men esa ularga hayot, farovon hayot berish uchun kelganman.
11 Men yaxshi Cho‘ponman. Yaxshi Cho‘pon qo‘ylari uchun jonini fido qiladi.
12 Yollangan odam esa qo‘ylarning na cho‘poni, na egasidir. U bo‘rining kelganini ko‘rgach, qo‘ylarni tashlab qochadi. Bo‘ri esa qo‘ylarni talab, tumtaraqay qiladi.
13 Yollangan odam shunchaki yollangan bo‘lgani uchun va qo‘ylar haqida qayg‘urmagani uchun qochadi.
14 15Men yaxshi Cho‘ponman. Otam Meni va Men Otamni bilganimday,
15 Men qo‘ylarimni bilaman, ular ham Meni biladilar. Men qo‘ylarim uchun jonimni fido qilaman.
16 Bu qo‘rada bo‘lmagan boshqa qo‘ylarim ham bor. Ularni ham olib kelishim kerak. Ular ham Mening ovozimga quloq soladi, shunda bir suruv, bir cho‘pon bo‘ladi.
17 Men jonimni qaytib olish uchun, uni fido qilaman, shu bois Otam Meni yaxshi ko‘radi.
18 Hech kim jonimni Mendan olmayapti. Men O‘z ixtiyorim bilan uni fido qilaman. Jonimni berishga va uni qaytarib olishga hokimiyatim bor. Buni Menga Otam buyurgan.”
19 Isoning bu so‘zlari tufayli, yahudiylar orasida yana kelishmovchilik bo‘ldi.
20 Oralaridan ko‘pchilik: — Uni jin uribdi, U aqldan ozgan! Nega Unga quloq solyapsizlar? — der edilar.
21 Boshqalari esa:— Bu jin urganning so‘zlari emas. Jin ko‘r odamning ko‘zlarini ocha olarmidi?! — deb aytishardi.
22 O‘sha vaqtda QuddusdaMa’badni Bag‘ishlash bayrami nishonlanayotgan edi. Qish.
23 Iso Ma’badda Sulaymon ayvoni degan joyda aylanib yurar edi.
24 Yahudiylar Uning atrofini o‘rab oldilar. — Qachongacha bizni ikkilantirasiz? Agar Masih bo‘lsangiz, bizga ochig‘ini ayting, — deyishdi.
25 Iso ularga javob berdi: — Men sizlarga aytdim, ammo sizlar ishonmayapsizlar. Otam nomidan qilayotgan ishlarim kimligimni ko‘rsatib turibdi.
26 Sizlar esa ishonmayapsizlar, chunki sizlar Mening qo‘ylarimdan emassizlar.
27 Mening qo‘ylarim ovozimga quloq soladi. Men ularni taniyman, ular esa Menga ergashib yurishadi.
28 Men ularga abadiy hayot beraman, ular hech qachon halok bo‘lmaydilar. Hech kim ularni Mening qo‘limdan tortib ololmaydi.
29 Ularni Menga bergan Otam hammadan buyukdir. Otamning qo‘lidan ularni tortib olishga hech kimning kuchi yetmaydi.
30 Men va Otam — birmiz.
31 Yahudiylar yana Isoni toshbo‘ron qilmoqchi bo‘ldilar.
32 — Men sizlarga Ota buyurgan ko‘p xayrli ishlarni ko‘rsatdim, ularning qaysi biri uchun Meni toshbo‘ron qilmoqchisizlar? — deb so‘radi Iso.
33 Yahudiylar Unga shunday deyishdi: — Xayrli ishingiz uchun emas, kufrligingiz uchun Sizni toshbo‘ron qilmoqchimiz. Siz odam bo‘la turib O‘zingizni Xudo deyapsiz!
34 Iso shunday javob qaytardi: — Sizlar o‘zlaringiz doim o‘qiydigan Tavrotda: “Aytdimki: Hammangiz xudodirsiz”, deb yozilgan emasmi?!
35 O‘zlaringiz bilasizlar: Muqaddas Bitiklarni o‘zgartirib bo‘lmaydi. Xudoning kalomini olgan odamlar “xudolar” deb atalgan–ku!
36 Meni esa Otam O‘zi uchun ajratib olib dunyoga yuborgan. Men “Xudoning O‘g‘liman” deganim uchun kufrlik qilgan bo‘lamanmi?!
37 Agar Men Otamning ishlarini qilmayotgan bo‘lsam, Menga ishonmay qo‘ya qolinglar.
38 Bordi–yu, Uning ishlarini qilayotgan bo‘lsam, Menga ishonmasangiz ham, qilayotgan ishlarimga ishoninglar. Shunda Ota Menda va Men Otada ekanimni bilib, anglab olasizlar.
39 Ular yana Isoni ushlab olishga harakat qildilar, ammo Iso ularning changalidan qutulib qoldi.
40 So‘ng Iso Iordan daryosining narigi tomoniga, ilgari Yahyo odamlarni cho‘mdirib yurgan joyga qaytib borib, u yerda qoldi.
41 Uning oldiga ko‘p odamlar kelishardi. Ular shunday deb aytishardi: — Yahyo hech qanday alomat ko‘rsatmagan edi, lekin Yahyoning bu Odam haqida aytgan hamma gapi to‘g‘ri chiqdi.
42 Shunday qilib, o‘sha yerdagi ko‘p odamlar Isoga ishondilar.