Kitobook.com
AudiokitoblarSimfoniyaGuvohliklarVIDEOUzMusic
KITOBLARAudiokitoblarҲикоялар китобиUZMUSICKINOLAR & MultfimlarNAJOT XABARIXushxabar hikoyalariQaraqalpaqsha KitapUzLatin
MakDonaldning Injil kitobiga o'zbek tilidagi sharhlari

Luqo Muqaddas xushxabar: 14Bob

Azərbaycan dilində Müqəddəs Kitab

O. Suv kasalligiga chalingan bemorni davolash (14:1−6)

14:1−3 Shanba kuni farziylarning boshliqlaridan biri Rabbimizni uyiga ziyofatga taklif qildi. Bu samimiy mehmondo‘stlik emas, balki din peshvolarining Xudoning O‘g‘lini ayblashga urinishi edi. Iso to‘qimalarida suv to‘planishi natijasida shish paydo bo‘lgan, suv kasalligiga chalingan odamni ko‘rdi. Najotkor raqiblarining fikrlarini o‘qib, ularga shanba kuni shifokorlik qilish mumkinmi, deb savol berdi.

14:4−6 Ular salbiy javob berishni istasalar-da, buni asoslaydigan hech narsa yo‘q edi, shuning uchun jim turishdi. Shunda Iso o‘sha odamni sog‘aytirib, qo‘yib yubordi. Bu Uning uchun rahm-shafqat ishi edi va Ilohiy muhabbat hatto shanba kunida ham o‘z xizmatini to‘xtatmaydi (Yuhanno 5:17). So‘ng yahudiylarga yuzlanib, ulardan birortasining hayvoni quduqqa tushib ketsa, uni shanba kuni ham darhol chiqarib olishlarini eslatdi. Bunday qilish ularning manfaatiga mos kelardi: hayvon qimmatbaho edi. Ammo azob chekayotgan qabiladoshini ko‘rib, ular befarqlik ko‘rsatdilar va unga yordam bergani uchun Rabbimiz Isoni hukm qilishga tayyor edilar. Garchi ular Najotkorning dalillariga javob bera olmasalar-da, Unga nisbatan g‘azablari yanada kuchayganiga shubha yo‘q.

P. Takabbur mehmon haqidagi masal (14:7−11)

Hazrati Iso farziyning uyiga kirganida, mehmonlarning dasturxonda birinchi o‘rinni egallash uchun qanday harakat qilayotganlariga e’tibor bergan bo‘lishi mumkin. Ular ko‘zga ko‘rinarli, faxrli o‘rinlarni egallashga intildilar. Uning mehmon bo‘lishi ham ochiq va to‘g‘ri gapirishiga to‘sqinlik qilmadi. U o‘zini ulug‘lashning bunday shaklini qoraladi. Ziyofatga chaqirilganda, hurmatliroq emas, balki kamroq hurmatli joyni egallash kerakligini aytdi. Agar biz faxrliroq joyni egallashni istasak, bizni uyat bilan pastroq joyga o‘tkazishlari ehtimoli doimo bor. Agar biz haqiqatan ham Xudo oldida kamtar bo‘lsak, biz uchun faqat bitta yo‘nalish bor - yuqoriga. Isoning ta’limotiga ko‘ra, joyni egallab olib, keyin uni boshqaga bo‘shatib berishdan ko‘ra, hurmatli joyga taklif etilgan bo‘lish afzalroqdir. Uning O‘zi fidoyilikning jonli namunasidir (Filippiliklar 2:5−8). U o‘zini past tutdi, Xudo esa Uni ulug‘ladi. Kimki o‘zini yuqori tutsa, Xudo uni past qiladi.

Q. Xudo siylagan mehmonlar (14:12−14)

Shubhasiz, farziylar boshlig‘i bu ziyofatga mahalliy taniqli kishilarni taklif qilgandi. Iso bunga darhol e’tibor qaratdi. U bu qishloqning nochor odamlari mehmonlar ro‘yxatiga kiritilmaganini ko‘rdi. Shu sababli, U fursatdan foydalanib, xristianlikning eng buyuk tamoyillaridan birini e’lon qildi: biz sevgiga sazovor bo‘lmagan va bizga minnatdorchilik bildira olmaydiganlarni sevishimiz kerak. Odatda, odamlar o‘z do‘stlari, aka-ukalari, qarindosh-urug‘lari, boy qo‘shnilarini chaqirib, ulardan evaziga mukofot umid qiladilar. Bunday yo‘l tutish uchun Xudoga ma’qul hayot kechirish shart emas.

Biroq, kambag‘allarga, nogironlarga, cho‘loqlarga, ko‘rlarga muruvvat ko‘rsatish g‘oyat g‘ayrioddiy ish bo‘ladi. Bunday odamlarga rahm-shafqat ko‘rsatgan har bir kishi uchun Xudo alohida mukofot tayyorlab qo‘ygan. Garchi bunday mehmonlar bizni mukofotlay olmasa-da, Xudoning O‘zi solihlarning tirilishi paytida mukofotlashni va’da qilgan. Muqaddas Kitobda bu barcha haqiqiy imonlilar tiriladigan birinchi tirilish deb ham ataladi. U Cherkovning ko‘tarilishi paytida, shuningdek, bizning fikrimizcha, buyuk qayg‘u davrining oxirida sodir bo‘ladi. Ya’ni birinchi tirilish bir martalik hodisa emas, u bosqichma-bosqich yuz beradi.

R. Chaqirilganlarning rad etishi haqidagi masal (14:15−24)

14:15−18 Kechki ovqatda Iso bilan yonma-yon o‘tirgan mehmonlardan biri Xudoning Shohligi ne’matlaridan bahramand bo‘lish naqadar ajoyib bo‘lishini ta’kidladi. Ehtimol, u Iso hozirgina aytgan xulq-atvor qoidalaridan ta’sirlangan edi. Balki bu shunchaki umumiy fikr bo‘lib, u bu haqda ko‘p o‘ylamasdan aytgandir. Nima bo‘lganda ham, Xudo Shohligida non yeyish qanchalik ajoyib bo‘lmasin, taklif qilinganlarning ko‘pchiligi rad javobini oqlash uchun turli xil bema’ni bahonalar topishadi, deb javob berdi Rabbimiz. U Xudoni katta ziyofat tayyorlagan va ko‘plab mehmonlarni chaqirgan kishi sifatida tasvirladi. Kechki ovqat tayyor bo‘lgach, u xizmatkorini mehmonlarga hamma narsa tayyor bo‘lganini xabar qilish uchun yubordi. Bu bizga Golgofada Rabbimiz Iso Masih najot ishini amalga oshirgani haqidagi buyuk haqiqatni eslatadi va Xushxabar da’vati U bajargan mehnat asosida yangraydi. Taklif etilganlardan biri yer sotib olganini va uni borib ko‘rmoqchiligini bahona qildi. Uni sotib olishdan oldin borib ko‘rish oqilona ish bo‘lardi. Ammo shunda ham u moddiy narsalarga bo‘lgan muhabbatni marhamatli taklifdan ustun qo‘ydi.

14:19−20 Ikkinchisi besh juft ho‘kiz sotib olib, ularni sinab ko‘rish uchun borayotganini aytdi. U ishini, faoliyatini yoki biznesini Xudoning da’vatidan ustun qo‘yadiganlarni ifodalaydi. Uchinchisi uylanganini, shuning uchun kelolmasligini aytdi. Oilaviy rishtalar va ijtimoiy munosabatlar ko‘pincha odamlarga Xushxabar da’vatini qabul qilishga to‘sqinlik qiladi.

14:21−23 O‘sha qul barcha chaqirilganlar taklifni rad etganini xo‘jayiniga xabar qilgach, xo‘jayin uni shahar ko‘chalari va tor ko‘chalariga yuborib, kambag‘allar, nogironlar, cho‘loqlar va ko‘rlarni taklif qilishni buyurdi. "Tabiat va inoyatda bo‘shliq bo‘lmaydi," dedi Bengel. Ehtimol, dastlab taklif etilganlar yahudiy xalqi yo‘lboshchilarining timsoli bo‘lgan. Ular Injilni rad etishgach, Xudo uni Quddus shahrining oddiy odamlariga yo‘naltirdi. Oddiy xalqning ko‘pchiligi da’vatga javob berdi, ammo xo‘jayinning uyi hali to‘lmagan edi. Shuning uchun xo‘jayin qulga odamlarni kelishga ishontirish uchun yo‘llar va to‘siqlar bo‘ylab yurishni buyurdi. Bu yerda, shubhasiz, Injilning majusiy xalqlarga qanday yo‘naltirilganligi ko‘rsatilgan. Ularni qurol kuchi bilan emas (xristianlik tarixida bo‘lgani kabi), balki ishontirish kuchi bilan undash kerak edi. Odamlarni mehribonlik bilan ko‘ndirib, ularni olib kelish va xo‘jayinning uyini to‘ldirish uchun harakat qilish lozim edi.

14:24 Shunday qilib, kechki ovqat tayyorlanganida, dastlabki mehmonlar ro‘yxati keraksiz bo‘lib qoldi, chunki avval taklif qilinganlar kelmagan edi.

S. Haqiqiy shogirdlikning bahosi (14:25−35)

14:25 Rabbimiz Isoga ko‘p xalq ergashib borardi. Ko‘pchilik rahbarlar o‘zlariga bo‘lgan bunday qiziqishni ko‘rib, hayratda qolishardi. Biroq Rabbimiz shunchaki qiziqish bilan, chin yurakdan berilmasdan ergashadigan odamlarni izlamayotgan edi. U hayotini to‘liq bag‘ishlash va samimiy sadoqat bilan yashashni istagan, zarur bo‘lsa, U uchun hatto o‘lishga ham tayyor bo‘lgan odamlarni izlardi. Shuning uchun ham bu yerda U olomonni saralashni boshlab, ularga shogirdlikning eng qat’iy shartlarini bayon qildi. Rabbimiz Iso ba’zida odamlarni O‘ziga chaqirar, ammo ular ergashganlaridan so‘ng ularni saralab olardi. Bu yerda aynan shu narsa sodir bo‘lmoqda.

14:26 Birinchidan, Iso o‘ziga ergashganlarga haqiqiy shogird bo‘lish uchun Uni hamma narsadan ustun qo‘yish kerakligini aytdi. U hech qachon odamlarga ota-onadan, xotindan, farzandlardan, aka-uka va opa-singillardan nafratlanish kerakligini aytmagan. Aksincha, Iso Masihga bo‘lgan muhabbat shu qadar buyuk bo‘lishi kerakki, uning oldida boshqa har qanday muhabbat nafratga teng bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan (Matto 10:37 ga qiyoslang). Shogird hech qachon qarindoshlik rishtalarini o‘ylab, Rabbga to‘liq itoat qilish yo‘lidan chalg‘imasligi kerak.

Aslida, shogirdlikning birinchi shartidagi eng qiyin qism "hatto o‘z hayotidan ham" degan so‘zlarda mujassam. Biz nafaqat qarindoshlarimizni kamroq sevishimiz, balki o‘z hayotimizdan ham voz kechishimiz kerak! O‘zimizga e’tibor qaratish o‘rniga, biz Masihga e’tibor qaratishimiz lozim. U yoki bu xatti-harakat bizga qanday ta’sir qilishini o‘ylashning o‘rniga, uning Masihga va Uning ulug‘lanishiga qanday ta’sir qilishini sinchkovlik bilan o‘lchashimiz kerak. Shaxsiy qulaylik va xavfsizlikni o‘ylash Masihni ulug‘lash va U haqda guvohlik berishdek ulug‘ vazifaga bo‘ysundirilishi kerak. Xaloskorning so‘zlari qat’iydir. U aytadiki, agar biz Uni hamma narsadan, oilamizdan va hayotimizdan ko‘ra ko‘proq sevmasak, Uning shogirdi bo‘la olmaymiz. Bu yerda o‘rtachalikka o‘rin yo‘q.

14:27 Ikkinchidan, U haqiqiy shogird o‘z xochini ko‘tarib, Rabbimizga ergashishi kerakligini o‘rgatdi. Xoch - bu qandaydir jismoniy zaiflik yoki ruhiy azob-uqubatlar emas, balki inson Masih uchun ixtiyoriy ravishda tanlaydigan ta’na-malomat, azob-uqubat, yolg‘izlik va hatto o‘lim yo‘lidir. Hamma imonlilar ham xoch ko‘tarib yurmaydi. Agar yuzaki xristianlik hayoti bilan yashasangiz, undan qochishingiz mumkin.

Agar biz o‘zimizni butunlay Masihga bag‘ishlashga qaror qilsak, Xudoning O‘g‘li yer yuzida bo‘lganida duch kelgan shaytoniy qarshilikka duchor bo‘lamiz. Mana shu xochning ma’nosi. Shogird Masihga ergashishi kerak. Bu shuni anglatadiki, u Masih yer yuzida bo‘lganida qanday hayot kechirgan bo‘lsa, shunday hayot kechirishi lozim - o‘zini inkor qilish, xo‘rlanish, quvg‘in, ta’na-malomat, vasvasalar va gunohkorlar tomonidan qarshilik ko‘rsatilishi.

14:28−30 Rabbimiz Iso, Unga ergashishdan oldin xarajatlarni hisoblash qanchalik muhimligini ko‘rsatish uchun ikkita misol keltirdi. U masihiyning hayotini avval qurilishga, keyin esa urushga o‘xshatdi. Minora qurmoqchi bo‘lgan odam oldin o‘tirib, xarajatlarni hisoblab chiqadi.

Agar unda buni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan hamma narsa yetarli bo‘lmasa, u qurilishga kirishmaydi. Aks holda u poydevor qo‘yib, ishni to‘xtatishga majbur bo‘lganida, uni ko‘rganlar: "Bu odam qurishni boshlab, oxiriga yetkaza olmabdi," deb ustidan kulishadi. Shogirdlik ham xuddi shunday. Avvalo, ular o‘z hayotlarini Masihning to‘liq ixtiyoriga topshirishga haqiqatan ham tayyor ekanliklarini o‘ylab ko‘rishlari kerak. Aks holda ular shon-shuhrat bilan boshlab, so‘ng so‘nib qolishlari mumkin. Agar shunday bo‘lsa, ko‘rganlar ularni yaxshi boshlangan, ammo sharmandali tugan ish uchun masxara qiladilar. Dunyo yarim yo‘lda to‘xtagan masihiylarga nafrat bilan qaraydi, xolos.

14:31−32 Podsho o‘zidan son jihatdan ustun bo‘lgan qo‘shinga qarshi urushga borar ekan, kamroq kuch bilan dushmanni mag‘lub etish imkoniyati bor-yo‘qligini yaxshilab o‘ylab ko‘rishi kerak. U jangni boshlash yoki taslim bo‘lish to‘g‘risida puxta o‘ylab qaror qabul qiladi. Xuddi shunday, Masihning shogirdlari hayotida ham yarim-yortilikka o‘rin bo‘lmasligi kerak.

14:33 33-oyat, ehtimol, butun Muqaddas Kitobdagi eng mashhur bo‘lmagan oyatlardan biridir. Unda hech qanday istisnosiz: "Kimki o‘zining bor narsasidan voz kechmasa, Mening shogirdim bo‘la olmaydi", deb aytilgan. Bu so‘zlar hech qanday aylanma yo‘l qoldirmaydi. Ular insonning hamma narsadan voz kechishni xohlashining o‘zi yetarli, degan ma’noni anglatmaydi. Aksincha, bu yerda u hamma narsasidan voz kechishi kerakligi ta’kidlangan. Biz Rabbimiz Isoga ishonishimiz kerak, chunki U nima deyayotganini bilardi. U boshqacha yo‘l bilan O‘z ishini hech qachon amalga oshira olmasligini tushunardi. U shunday erkak va ayollarni xohlaydiki, ular Uni dunyodagi hamma narsadan ustun qo‘yishsin. Rayl shunday ta’kidlaydi:

"O‘ziga foyda keltirishni xohlovchi kishi - Masih yo‘lida hamma narsasidan voz kechgan kishidir. U eng yaxshi ulushni tanlaydi; bu hayotda u bir necha yil xochni ko‘tarib yuradi, kelgusi asrda esa abadiy hayotga ega bo‘ladi. U eng yaxshi mulkni qo‘lga kiritadi; boyligini oxiratga olib ketadi. U bu yerda inoyatga boy, kelajakda esa shon-shuhratga boy bo‘ladi. Eng muhimi, Masihga ishonib, u hech qachon yo‘qotmaydigan narsaga ega bo‘ladi. Bu undan hech qachon tortib olinmaydigan yaxshi qismdir". (Rayl, Injillar, Luqo, II:86.)

14:34−35 Tuz shogirdni anglatadi. Parvardigor uchun bag‘ishlangan va fidokorona hayot kechirayotgan insonda go‘zal va maqtovga sazovor nimadir bor. Ammo keyin kuchini yo‘qotgan tuz haqida o‘qiymiz. Zamonaviy osh tuzi o‘z kuchini yo‘qota olmaydi, chunki u toza tuz. Biroq Muqaddas Kitob yozilgan yerlarda tuz ko‘pincha turli xil aralashmalarga ega bo‘lgan. Shuning uchun tuz sarflanganda idishda qoldiq qolishi mumkin edi. Bu qoldiq yaroqsiz bo‘lardi. Uni hatto tuproqni o‘g‘itlash uchun ham ishlatib bo‘lmasdi. Uni tashlab yuborish kerak bo‘lardi. Bu yerda ajoyib boshlagan, keyin esa orqaga qaytgan shogird tasvirlangan. Shogird faqat bitta asosiy yashash maqsadiga ega; agar u bu maqsadga mos kelmasa, u ayanchli ahvolga tushadi. Tuz haqida "Uni tashqariga chiqarib tashlaydilar" deb o‘qiymiz. Uni Xudo tashlab yuboradi, deyilmagan, bu hech qachon sodir bo‘lmaydi. Uni odamlar tashlab yuborishadi, boshqacha aytganda, qurishni boshlab, oxiriga yetkazishga qurbi yetmagan odamning guvohligini oyoq osti qilishadi. Kelli shunday ta’kidlaydi:

"Bu yerda yaxshi boshlanish va yomon yakun xavfi ko‘rsatilgan. Dunyoda o‘zining qadrli bo‘lgan yagona xususiyatini yo‘qotgan tuzdek foydasiz narsa bo‘lishi mumkinmi? Bu boshqa har qanday maqsad uchun yaroqsiz bo‘lganidan ham yomonroq. Masihning shogirdi bo‘lishdan to‘xtagan shogird bilan ham xuddi shunday. U dunyoviy maqsadlarga yaramaydi va Xudoning maqsadlarini tark etgan. Bu dunyoning bema’niliklari va gunohlari ichiga kirish uchun unda juda ko‘p yorug‘lik yoki bilim bor va u Masih yo‘lidan yurishni davom ettirish uchun inoyat va haqiqatni yo‘qotgan... Mazasiz tuz nafrat va la’nat obyektiga aylanadi". (Kelli, Luqo, 249-bet.)

Hazrati Iso shogirdlik haqidagi oyatni quyidagi so‘zlar bilan yakunlagan: "Kimning qulog‘i bo‘lsa, eshitsin!" Bu so‘zlar shogirdlikning qat’iy shartlarini eshitishga hamma ham tayyor bo‘lavermasligini ko‘rsatadi. Ammo kimdir qimmatga tushishiga qaramay, Hazrati Isoga ergashishni istasa, u eshitishi va amal qilishi kerak. Jon Kalvin bir kuni shunday degan edi: "Men Iso uchun hamma narsadan voz kechdim, xo‘sh, nimaga erishdim? Men Masihda hamma narsani topdim". Genri Drummond esa shunday degan: "Osmon Shohligiga kirish bepul, faqatgina har yili unga obuna bo‘lib turish kerak".

Bu so‘zlar shogirdlikning qat’iy shartlarini eshitishga hamma ham moyil bo‘lavermasligini ko‘rsatadi. Bordi - yu, kimdir qimmatga tushishiga qaramay, Hazrati Isoga ergashishni istasa, u eshitishi va ergashishi kerak.

Bir kuni Jon Kalvin shunday degan edi: "Men Iso uchun hamma narsadan voz kechdim, xo‘sh, nimaga erishdim? Men Masihda hamma narsani topdim." Genri Drummond shunday dedi: " Osmon Shohligiga kirish bepul, faqatgina har yili obuna bo‘lish kerak.

Muqaddas Kitob ONLINE

1 Bir Shabbat kuni Iso farziylar rahnamolaridan birining uyiga mehmonga bordi. Uni diqqat bilan kuzatib o‘tirishardi.
2 Isoning oldiga istisqo dardidan qo‘l–oyoqlari shishib ketgan bir odam kelib qoldi.
3 Iso Tavrot tafsirchilaridan va farziylardan so‘radi: — Qonunimizga ko‘ra Shabbat kuni odamga shifo berish mumkinmi yoki yo‘qmi?
4 Ular esa indamadilar. Iso xasta odamga qo‘l tekkizib, shifo berdi va uni jo‘natib yubordi.
5 So‘ng ularga dedi: — Birortangizning farzandingiz yoki molingiz quduqqa tushib ketsa, Shabbat kuni bo‘lishiga qaramay, uni darhol chiqarib olmaysizlarmi?!
6 Ular esa bu gapga biron javob topa olmadilar.
7 Mehmonlar to‘rdan joy tanlashga intilayotgan edilar. Iso buni ko‘rib, shunday masal aytdi:
8 “Sizni to‘y ziyofatiga taklif qilishganda, to‘rga chiqib olmang. Mehmonga chaqirilganlar orasida sizdan ham hurmatliroq boshqasi bo‘lishi mumkin.
9 Ikkovingizni taklif qilgan mezbon kelib, sizga: “Joyingizni bu odamga bo‘shatib bering”, deb aytishi mumkin. Shunda siz xijolat tortib, poygakda o‘tirishga majbur bo‘lasiz.
10 Shuning uchun, taklif etilganingizda, poygakda o‘tiring, toki mezbonning o‘zi kelib sizga: “Do‘stim, iltimos to‘rga chiqing”, — deb aytsin. Shunda boshqa mehmonlar ko‘zida sizning hurmatingiz oshadi.
11 Zotan, o‘zini o‘zi yuksaltirgan kamsitiladi, o‘zini past tutgan esa yuksaltiriladi.”
12 Iso O‘zini taklif qilgan xonadon sohibiga aytdi: “Tushki yo kechki ziyofat berganingizda, do‘stlaringizni yoki aka–ukalaringizni, qarindosh– urug‘laringizni yo bo‘lmasa, boy qo‘shnilaringizni taklif qilmang. Aks holda, ular ham sizni mehmonga chaqirib, qilgan yaxshiligingizni qaytaradilar.
13 Aksincha, ziyofat berganingizda, kambag‘al–qashshoqlarni, cho‘loq, shollarni, ko‘rlarni taklif qiling.
14 Shunda baxtli bo‘lasiz. Chunki ular qilgan yaxshiligingizni qaytara olmasalar–da, solihlar tirilgan zamonda buning savobini ko‘rasiz.”
15 Dasturxon atrofida o‘tirgan mehmonlardan biri Isoning bu so‘zlarini eshitib, Unga dedi: — Xudoning Shohligida ziyofat yeydigan kishi baxtlidir!
16 Iso o‘sha odamga shunday dedi: “Bir odam katta ziyofat tayyorlab, ko‘pchilikni taklif etibdi.
17 Ziyofat vaqti bo‘lganda: — Kelinglar, dasturxon tayyor bo‘ldi, — deb mehmonlarni chaqirgani xizmatkorini yuboribdi.
18 Ammo taklif qilinganlarning hammasi birday uzr so‘ray boshlabdilar. Birinchisi unga debdi: — Men yer sotib olgan edim, o‘sha yerni ko‘rgani borishim kerak. Iltimos, meni kechiring.
19 Boshqasi esa: — Men besh juft ho‘kiz sotib oldim, ularni sinagani ketyapman. Iltimos, meni kechiring, — debdi.
20 Yana boshqasi: — Men yangi uylandim, shuning uchun bora olmayman, — debdi.
21 Xizmatkor qaytib kelib, xo‘jayiniga axborot beribdi. Shunda uy sohibi g‘azablanib, xizmatkoriga buyuribdi: — Hoziroq shahar ko‘chalarini, yo‘laklarini aylanib chiq. Qashshoq, cho‘loq, ko‘r va shollarni bu yerga olib kel.
22 Biroz vaqtdan keyin xizmatkor shunday deb keldi: — Xo‘jayin, buyurganlaringizni bajardim, lekin yana bo‘sh joy qoldi.
23 Shunda xo‘jayin xizmatkoriga aytibdi: — Yo‘llarga, yo‘laklarga bor, odamlarni ko‘ndirib olib kel, toki uyim to‘lsin.
24 Sizlarga aytay, taklif qilinganlarning birortasi ham ziyofatimdan totib ko‘rmaydi.”
25 Katta bir olomon Isoga ergashib ketayotgan edi. Iso ularga qarab dedi:
26 “Menga ergashgan odam Meni ota–onasidan, aka–uka va opa– singillaridan, hatto o‘z jonidan ortiq yaxshi ko‘rishi kerak, aks holda u Mening shogirdim bo‘lolmaydi.
27 O‘z xochini ko‘tarib, ortimdan yurmagan odam ham Mening shogirdim bo‘lolmaydi.
28 Sizlardan birortangiz minora qurmoqchi bo‘lsangiz, uni bitirish uchun mablag‘ yetarlimi, deb oldindan xarajatini hisoblab chiqmaysizmi?
29 Aks holda, siz poydevor yotqizasizu minorani bitkaza olmaysiz. Buni ko‘rganlarning hammasi ustingizdan kulib, shunday deb aytishadi:
30 “Bu odam qurilishni boshladi, ammo bitira olmadi.”
31 Yoki qaysi shoh boshqa bir shohga qarshi urushga chiqishdan avval o‘tirib: “Dushman yigirma ming askari bilan menga qarshi kelyapti, men o‘n ming askarim bilan unga bas kela olamanmi?” deb o‘ylamaydimi?!
32 Kuchi yetmasa, dushman hali uzoqdaligida uning oldiga elchi yuborib, sulh tuzaylik, deb iltimos qiladi.
33 Xuddi shu singari, bor mol–mulkingizdan kechmasangiz, birontangiz ham Mening shogirdim bo‘la olmaysiz.
34 Tuz — yaxshi narsa. Lekin tuz o‘z ta’mini yo‘qotsa, uni yana qanday sho‘r qilib bo‘ladi?
35 Bunday tuz yerga ham, go‘ngga ham yaramaydi, uni tashlab yuboradilar. Kimning eshitar qulog‘i bo‘lsa, eshitsin!”