H. Ba’zi ayollar Isoga xizmat qiladi (8:1−3)
Shuni unutmaslik kerakki, Injil Rabbimizning hayoti va xizmatidagi faqat ayrim voqealarni tasvirlaydi. Muqaddas Ruh O‘z xohishi bilan ba’zi mavzularni tanlab, boshqalarini tushirib qoldirgan. Bu yerda Isoning shogirdlari bilan Jalilaning shahar va qishloqlarida xizmat qilgani haqidagi oddiy hikoyani ko‘ramiz. U Xudoning Shohligi to‘g‘risidagi Xushxabarni va’z qilganda, U barakalagan ayollar Unga, ehtimol, ovqat va turar joy bilan xizmat qilishgan. Masalan, u yerda Magdalina deb atalgan Maryam bor edi. U Magdala (Migdol)dan bo‘lgan oliyjanob ayol deb taxmin qilinadi. Har holda, undan yetti jin mo‘jizaviy tarzda haydab chiqarilgan. U yerda eri Hirodning uy boshqaruvchisi bo‘lgan Yoanna, Susanna va boshqa ko‘plar ham bor edi. Ularning Rabbimizga bo‘lgan muhabbati e’tiborsiz qolmagan. Ular o‘z mol-mulklarini Iso bilan baham ko‘rar ekanlar, keyingi asrlardagi masihiylar ularning saxovati va mehmondo‘stligi haqida o‘qishlari to‘g‘risida o‘ylab ham o‘tirmaganlar.
Rabbimiz xizmatining asosiy mavzusi Xudoning Shohligi to‘g‘risidagi Xushxabarni va’z qilish edi. Xudoning Shohligi, Xudoning hukmronligi tan olinadigan hamma joyda, ko‘zga ko‘rinadigan va ko‘rinmaydigan Shohlikni anglatadi. Matto "Samoviy Shohlik" iborasini ishlatadi, ammo uning mohiyati bir xil bo‘lib, "Oliy Zot insonlar shohligi ustidan hukmronlik qiladi" (Don 4:29) va "Uning shohligi avloddan-avlodga" (Don 4:31) degan ma’noni anglatadi.
Yangi Ahdda Shohlikning rivojlanish bosqichlari haqida o‘qiymiz:
1. Avvalo, Yahyo cho‘mdiruvchi Shohlik haqida e’lon qilib, uning yaqinlashganini aytdi (Mat 3:1-2).
2. Keyin Shohlik Shohning Shaxsida haqiqatan ham mavjud bo‘ldi ("chunki mana, Xudoning Shohligi orangizdadir," Luqo 17:21). Bu Iso e’lon qilgan Shohlik haqidagi Xushxabar edi. U O‘zini Isroilning Shohi sifatida taqdim etdi (Luqo 23:3).
3. So‘ngra Isroil xalqi Xudoning Shohligini rad etganini ko‘ramiz (Luqo 19:14; Yuhanno 19:15).
4. Bugungi kunda Shohlik yashirin ko‘rinishda mavjud (Mat 13:11). Masih-Shoh vaqtincha yo‘q, ammo yer yuzidagi ba’zi odamlar Uning hukmronligini qalblarida tan olishadi. Ma’lum ma’noda, hozirgi kunda Shohlik Xudoning hukmronligini tan olganman deb e’tirof etuvchi barcha kishilarni, garchi ular haqiqatan imonga kelmagan bo‘lsalar ham, qamrab oladi. Tashqi e’tirofning bu sohasi urug‘ sepuvchi va urug‘ (Luqo 8:4-15), bug‘doy va begona o‘t (Mat 13:24-30), shuningdek, to‘rdagi baliq (Mat 13:47-50) haqidagi masallarda ko‘rinadi. Biroq, Shohlik o‘zining eng chuqur, haqiqiy ma’nosida faqat o‘zgarganlarni (Mat 18:3) yoki qayta tug‘ilganlarni (Yuhanno 3:3) o‘z ichiga oladi. Bu ichki haqiqat sohasidir. (Mat 3:1-2 ga yozilgan izohga qarang.)
5. Bir kun kelib, Shohlik so‘zma-so‘z ma’noda shu yerda, yer yuzida o‘rnatiladi va Rabbimiz Iso Masih shohlarning Shohi va hukmronlarning Xo‘jayini sifatida ming yil hukmronlik qiladi (Vahiy 11:15; 19:16; 20:4).
6. So‘nggi bosqich Rabbimiz va Najotkorimiz Iso Masihning abadiy Shohligi sifatida ma’lum (2 Butrus 1:11). Bu abadiy Shohlikdir.
I. Urug‘ sepuvchi haqidagi masal (8:4−15)
8:4−8 Urug‘ sepuvchi haqidagi masal Shohlikni hozirgi ko‘rinishida tasvirlaydi. U bizga Xudoning Shohligi nafaqat e’tirofni, balki haqiqiy mohiyatni ham o‘z ichiga olishini o‘rgatadi. Bu, Xudoning Kalomini qanday tinglashimiz kerakligi to‘g‘risida jiddiy ogohlantirish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Muqaddas Yozuvdan va’z va pand-nasihatlarni yengil-yelpi tinglash mumkin emas.
Uni tinglaganlar zimmasiga ilgarigidan ko‘ra ko‘proq mas’uliyat yuklanadi. Agar ular eshitganlarini rad etib yoki tanlab-tanlab itoat etsalar, o‘z halokatlariga yo‘l ochgan bo‘ladilar.
Lekin ular Kalomni tinglab, unga itoat etsalar, Xudodan kelgan nurni ko‘proq qabul qila oladilar. Iso bu masalni xaloyiqqa aytib, keyin shogirdlariga tushuntirdi. Masalda urug‘ sepuvchi, uning urug‘i, urug‘ni qabul qilgan to‘rt xil tuproq va to‘rt xil natija haqida so‘z boradi.
Tuproq turi Natija
1. Yo‘l yoqasida Odamlar tomonidan bosib-yanchilib, qushlar tomonidan cho‘qib tashlanilgan.
2. Toshloq yerda Namlik yetishmaganligi sababli qurib qolgan.
3. Tikanli joyda O‘sishi tikanlar tomonidan bo‘g‘ib qo‘yilgan.
4. Unumdor yerda Har bir urug‘ yuzta don hosil bergan.
Xudovand masalni quyidagi so‘zlar bilan yakunladi: "Eshitadigan quloqqa ega bo‘lganlar eshitsin!" Boshqacha aytganda, Xudoning Kalomini eshitganingizda, uni qanday qabul qilayotganingizga e’tiborli bo‘ling. Hosil bo‘lishi uchun urug‘ yaxshi tuproqqa tushishi lozim.
8:9−10 Isoning shogirdlari Undan bu masalning ma’nosini so‘rashganda, Rabbimiz Xudo Shohligining sirlari har bir kishiga tushunarli bo‘lmasligini tushuntirdi. Shogirdlar ishonishni va itoat etishni xohlaganlari uchun, Masihning ta’limoti ma’nosini bilishga muyassar bo‘ldilar. Biroq Iso, Unga nisbatan chin muhabbati bo‘lmaganlar tushunmasligi uchun, ko‘p haqiqatlarni ataylab masallar orqali bayon qildi; shunday qilib ular ko‘rib ko‘rmaydilar va eshitib tushunmaydilar. Ma’lum ma’noda ular eshitgan va ko‘rgandilar. Masalan, Iso urug‘ sepuvchi va uning urug‘i haqida gapirayotganini bilishardi. Ammo bu misolning chuqurroq ma’nosini anglamadilar. Ularning qalblari qattiq, idrok etmaydigan, tikanlar bilan to‘lgan tuproq ekanini va eshitgan So‘zdan foyda olmaganliklarini tushunishmadi.
8:11−15 Parvardigor faqat shogirdlariga masalning ma’nosini ochib berdi. Ular olgan ta’limotni allaqachon qabul qilganlari uchun, ularga ko‘proq beriladi. Iso urug‘ Xudoning Kalomi, ya’ni Xudoning haqiqati, Uning ta’limoti ekanini tushuntirdi. Yo‘l yoqasiga tushgani - Kalomni eshitib, unga yuzaki va yengiltaklik bilan munosabatda bo‘lganlarning ramzidir. U ularning hayoti yuzasida qolib ketdi. Shu bois iblis (osmon qushlari) ularning qalbidan Kalomni osonlikcha olib ketdi.
Toshloq yerga o‘xshatilgan tinglovchilar ham So‘zni eshitdilar, lekin uni o‘zlariga singdirmadilar. Ular tavba qilishmadi. Urug‘ ozuqa (namlik) olmadi, shuning uchun qurib, nobud bo‘ldi. Ehtimol, dastlab ular e’tiqodlarini ajoyib tarzda namoyish etgandir, ammo bu haqiqatga to‘g‘ri kelmasdi. Ularning imon kurtagi tashqaridan tirikdek ko‘rinsa-da, ichkaridan ildiz otmagan edi. Qiyinchiliklar kelganda, ular masihiylik e’tiqodidan voz kechdilar.
Tikanli yerga o‘xshatilgan tinglovchilar bir muddat yaxshi yurishdi, biroq davom etishga sabr-toqatlari yetmagani uchun o‘zlarini haqiqiy imondor emasliklarini ko‘rsatishdi. Hayot tashvishlari, boylik va lazzatlar ular ustidan g‘alaba qozondi, So‘z esa so‘ndirildi va bostirildi.
Yaxshi tuproqqa tushgani haqiqiy imonlilarni ifodalaydi, ularning qalbi ezgu va pokdir. Ular nafaqat So‘zni qabul qilishdi, balki unga o‘z hayotlarini shakllantirishga imkon berishdi. Ular ta’limotni qabul qilishga va unga itoat etishga tayyor bo‘lib, haqiqiy masihiylik xulq-atvorini rivojlantirdilar va Xudo uchun hosil keltirishdi.
Darbi ushbu parchada aytilganlarni quyidagicha umumlashtiradi:
"Agar men So‘zni eshitib, nafaqat eshitganimdan quvonsam, balki uni o‘zimniki kabi o‘zlashtirsam, agar eshitganim qalbimning bir qismiga aylansa, unda men yanada ko‘proq narsaga ega bo‘laman; chunki haqiqat qalbimning mulkiga aylanganda, yanada ko‘proq idrok etish qobiliyati paydo bo‘ladi." (J. N. Darby, Luqa Injili, 61-bet.)
K. Tinglovchilarning mas’uliyati (8:16−18)
8:16 Bir qarashda bu va oldingi bo‘limlar bir-biriga bog‘liq emasdek tuyuladi. Lekin aslida fikrning izchil oqimi bu yerda uzilmaydi. Najotkor shogirdlari Uning ta’limotiga qanday munosabatda bo‘lishlari muhimligini hamon ta’kidlamoqda. U O‘zini shamni yoqib, uni idish bilan yopmaydigan yoki to‘shak ostiga qo‘ymaydigan, balki barcha odamlar yorug‘likni ko‘rishlari uchun shamdonga qo‘yadigan kishiga o‘xshatadi. Shogirdlariga Xudoning Shohligi tamoyillarini tushuntirar ekan, U shamni yoqayotgan edi. Ular buni qanday ishlatishlari kerak?
Avvalo, ular uni idish bilan yopib qo‘ymasliklari kerak. Matto 5:15, Mark 4:21 va Luqo 11:13 da ham savdo sohasida o‘lchov sifatida ishlatilgan idish haqida so‘z boradi. Demak, o‘lchov idishi ostiga yashirib qo‘yilgan sham shoshqaloq tijorat hayotida insonning guvohligi xiralashganini yoki siqib chiqarilganini anglatishi mumkin. Shamni o‘lchov idishiga qo‘yish, ya’ni xristianlikni biznes sohasida ham qo‘llash va o‘z ishini Xushxabar tarqatish uchun minbar sifatida ishlatish ma’qulroq bo‘lardi.
Bundan tashqari, shogirdlar shamni karavot ostiga yashirmasliklari kerak. Karavot xotirjamlik, qulaylik, dangasalik va o‘ziga erk berishni anglatadi. Bularning barchasi yorug‘likka to‘sqinlik qiladi!
Shogird shamni shamdonga qo‘yishi lozim. Boshqacha aytganda, u haqiqatga muvofiq yashashi va uni hamma ko‘rishi uchun targ‘ib qilishi kerak.
8:17-oyat shuni ko‘rsatadiki, agar biz ishbilarmonlik yoki dangasalik tufayli Xudoning So‘zini va’z qilishimizni cheklasak, bizning e’tiborsizligimiz va layoqatsizligimiz oshkor bo‘ladi. Yashirilgan haqiqat ma’lum bo‘ladi va uni yashirganligimiz fosh etiladi.
8:18 Shuning uchun qanday tinglayotganimizga e’tiborli bo‘lishimiz kerak. Agar biz haqiqatni boshqalarga to‘g‘ri yetkazsak, Xudo bizga yangi va chuqurroq haqiqatlarni ochib beradi. Aksincha, agar biz xushxabarni targ‘ib qilishda g‘ayratli bo‘lmasak, Xudo bizni o‘zimizga ega deb o‘ylagan haqiqatdan mahrum qiladi. Foydalanmagan narsani yo‘qotamiz. G. X. Lang shunday izohlaydi:
"Shogirdlar aql bilan tushunishni istab, ishonishga va itoat etishga tayyor holda tinglashardi; boshqalar esa loqaydlik yoki qiziquvchanlik bilan yoki eshitganlariga qat’iy qarshilik ko‘rsatib tinglashardi. Birinchilarga ko‘proq bilim beriladi; ikkinchilar esa o‘zlari ega deb o‘ylagan bilimdan ham mahrum bo‘ladilar". (G. H. Lang, "Muqaddas Kitobning majoziy ta’limoti", 60-bet.) Foydalanmagan narsamizni yo‘qotamiz.
Biz bu samoviy Xushxabarni Birinchisiga ko‘proq bilim beriladi, ikkinchisi esa o‘zi bilgan bilimdan ham mahrum bo‘ladi." (G. H. Lang, The Parabolic Teaching of the Scripture, p.
Albatta ulashishimiz kerak,
Agar uni saqlamoqchi bo‘lsak;
Berishni to‘xtatib qo‘ysak,
Egalikni yo‘qotamiz —
Muhabbatning qonuni shu.
(R. S. Trench)
L. Isoning haqiqiy onasi va aka-ukalari (8:19−21)
Iso gapirayotgan paytda, Unga onasi va aka-ukalari kelganini va Uni ko‘rishni istab kutib turishganini aytishdi. Ular odamlar tufayli Unga yaqinlasha olmas edilar. Bunga javoban Iso U bilan haqiqiy munosabatlar tabiiy aloqalarga emas, balki Xudoning Kalomiga itoat etishga bog‘liqligini aytdi. U Kalomdan qo‘rqadigan, uni kamtarlik bilan qabul qiladigan va itoat etishga tayyor bo‘lganlarning barchasini O‘z oilasi a’zolari deb tan oldi. Hech qanday olomon Uning ruhiy oilasining Uni tinglovchilar orasida bo‘lishiga to‘sqinlik qila olmaydi.
Inson O‘g‘li bo‘ronni tinchlantiradi (8:22−25)
Ular odamlar tufayli Unga yaqinlasha olmadilar. Bunga javoban Parvardigor U bilan haqiqiy munosabatlar tabiiy rishtalarga emas, balki Xudoning Kalomiga bo‘ysunishga bog‘liqligini aytdi. U Kalomdan qo‘rqadigan, uni kamtarlik bilan qabul qiladigan va itoatkorlikka tayyor bo‘lganlarning barchasini O‘z oilasi a’zolari deb tan oldi.
8:22 Bu bobning davomida Iso tabiat kuchlari, jinlar, kasalliklar va hatto o‘lim ustidan O‘z hukmronligini qanday namoyon etgani haqida hikoya qilinadi. Hamma narsa Uning so‘ziga bo‘ysunadi; faqat odamlargina Uni rad etadilar. Jalila dengizida kuchli bo‘ronlar kutilmaganda boshlanib, suzishni xavfli qiladi. Ammo aynan shu bo‘ronni shayton uyushtirgan bo‘lishi mumkin; ehtimol u dunyo Najotkorini yo‘q qilishga uringandir.
8:23 Bo‘ron ko‘tarilganda, Iso uxlab yotgan edi; Uning uxlashi Uning haqiqiy insoniy tabiatini tasdiqlaydi. Bo‘ron Isoning so‘zi bilan tindi; bu holat Uning mutlaq ilohiyligini isbotlaydi.
8:24 Shogirdlar Ustozni uyg‘otib, qattiq qo‘rquv va xavfsizliklaridan xavotirda ekanliklarini aytishdi. Iso butunlay xotirjam holda o‘rnidan turib, shamol va to‘lqinlarga tanbeh berdi, shunda sukunat cho‘kdi. U Jalila dengizida qilgan ishni bugun ham qayg‘uga botgan, bo‘ronlarda qaltirayotgan shogird uchun qila oladi.
8:25 U shogirdlaridan: "Imoningiz qani?" deb so‘radi. Ular tashvishlanmasliklari kerak edi. Uni uyg‘otishning hojati yo‘q edi. Dengizlar, yerlar va osmonlarning Hukmdori bo‘lgan kema hech qanday suvda cho‘kib ketmaydi. Masih bilan qayiqda bo‘lish - mutlaq xavfsizlik va xotirjamlikda bo‘lish demakdir. Shogirdlar o‘z Rabbiylarining qudrati chegaralarini to‘liq anglab yetmagandilar. Ularning U haqidagi tushunchalari yetarli emas edi. Ular tabiat kuchlari Unga bo‘ysunishidan hayratda qoldilar. Ular bizdan farq qilmasdilar. Hayot bo‘ronlarida biz ham tez-tez umidsizlikka tushamiz. Keyin Rabbimiz bizga yordamga kelganda, Uning qudrati namoyon bo‘lishidan hayratlanamiz. Va biz Unga yanada ko‘proq ishonmayotganimizdan ajablanamiz.
Gadaralik jinni odamning shifo topishi (8:26−39)
Ular tashvishlanmasliklari kerak edi. Uni uyg‘otishning hojati yo‘q edi. Dengizlar, yerlar va osmonlarning sayyidi bo‘lgan kemani hech qanday suv yutolmaydi. Masih bilan qayiqda bo‘lish - mutlaq xavfsizlik va xotirjamlikda bo‘lish demakdir. Shogirdlar Parvardigorning qudratiga yetarli baho bermadilar. Ularning U haqdagi tushunchalari yetarli emas edi. Ular tabiat kuchlari Unga bo‘ysunishidan hayratda edilar. Ularning bizdan farqi yo‘q edi. Hayot bo‘ronlarida biz ham tez-tez tushkunlikka tushamiz. Keyin Parvardigor bizga yordamga kelganda, Uning qudrati namoyon bo‘lishidan hayratlanamiz.
8:26−27 Iso va uning shogirdlari qirg‘oqqa yetib kelgach, o‘zlarini Gadara yurtida ko‘rdilar. U yerda ularga jinlar ta’siriga tushgan bir kishi duch keldi. Matto ikkita jinni haqida gapirgan bo‘lsa, Mark va Luqo faqat bittasi haqida so‘zlashgan. Bunday ko‘rinishdagi tafovut aslida ikki xil voqea bo‘lganini yoki bir muallif boshqalariga qaraganda to‘liqroq tasvirlaganini ko‘rsatishi mumkin. Bu aniq holatda qurbon kiyim kiymas, jamiyatdan qochar va qabrlarda yashar edi.
8:28−29 U Isoni ko‘rib, o‘zini tinch qo‘yishlarini yolvorib so‘radi. Albatta, bu bechora odam orqali yovuz ruh gapirardi. Jinlar ta’siri - bu haqiqat. Bu shaytonlar shunchaki ta’sir emas edi. Bular g‘ayritabiiy mavjudotlar bo‘lib, ular insonning ichiga kirib, uning fikrlari, so‘zlari va xatti-harakatlarini boshqarardi. Aynan mana shu jinlar odamni nihoyatda vahshiy qilib qo‘yardi - shunday g‘azabli tutqanoqlardan birida u bog‘lab qo‘yilgan zanjirlarni uzib, cho‘lga qochib ketardi. Va bu odamning o‘zida ikki mingga yaqin cho‘chqani halok qilishga yetadigan darajada ko‘p jinlar to‘plangani hayratlanarli emas (Mark 5:13 ga qarang).
8:28−29 U Isoni ko‘rib, o‘zini tinch qo‘yishlarini iltijo qildi. Albatta, bu bechora odam orqali yovuz ruh gapirgan. Jinlar vasvasasi - bu haqiqat. Bu shaytonlar shunchaki ta’sir emas edi. Bular g‘ayritabiiy mavjudotlar bo‘lib, ular insonning ichiga kirib, uning fikrlari, nutqi va xatti-harakatlarini boshqargan. Aynan mana shu iblislar odamni o‘taketgan g‘azabnok qilib qo‘yardi - shunday g‘azabnok tutqanoqlardan birida u bog‘lab qo‘yilgan zanjirlarni uzib, sahroga qochib ketardi. Va bu odamning o‘zida ikki mingga yaqin cho‘chqani yo‘q qilish uchun yetarlicha jinlar to‘planganini ko‘rganimizda, bu ajablanarli emas (Mk 5:13 ga qarang).
8:30−31 Bu odamning ismi "legion" edi, chunki u jinlar legioniga chalingan edi. Bu jinlar Isoni Xudo Taoloning O‘g‘li deb tan olishardi. Ular o‘zlari ustidan hukm chiqarilishi muqarrarligini va buni Iso amalga oshirishi lozimligini bilishardi. Ammo ular vaqtni cho‘zmoqchi bo‘lib, Isodan tubsiz jar (jar) ga yuborilmaslikni iltimos qilishdi.
8:32−33 Ular odamni tark etib, yaqin atrofdagi tog‘da o‘tlab yurgan katta cho‘chqalar podasiga kirishga ruxsat so‘rashdi. Iso ruxsat berdi, shunda cho‘chqalar podasi qiyalikdan ko‘lga tashlanib, cho‘kib ketdi. Hozirgi kunda Isoni birovning mulkini yo‘q qilgani uchun tanqid qilishadi. Biroq, agar cho‘chqalarni yahudiylar boqqan bo‘lsa, bu ish harom va noqonuniy bo‘lgan. Yahudiy yoki majusiy bo‘lishidan qat’i nazar, ikki mingta cho‘chqadan ko‘ra bitta insonni qadrlash kerak edi.
8:34−39 Bu xabar tez orada butun atrofga tarqaldi. Ko‘pchilik yig‘ilgach, ilgari jinlarga chalingan odamning butunlay sog‘ayib, o‘ziga kelib, odob bilan o‘tirganini ko‘rdilar. Gadara o‘lkasi aholisi shunchalik xavotirga tushdilarki, Isodan ketishini so‘rashdi. Ular Najotkordan ko‘ra o‘z cho‘chqalari haqida ko‘proq qayg‘urishardi; o‘z jonlaridan ko‘ra cho‘chqalarining ko‘payishi ularni ko‘proq tashvishga solardi. Darbi shunday deydi:
"Dunyo o‘z rohat-farog‘atida yashashni istab, Isodan uzoqlashishni so‘raydi, chunki u jinlar lashkaridan ko‘ra Xudoning qudratidan ko‘proq bezovtalanadi. Iso ketadi. U shifolagan odam... U bilan birga bo‘lishni istaydi, ammo Rabbimiz uni orqaga qaytaradi... unga ko‘rsatilgan inoyat va qudratga guvoh bo‘lish uchun". (Darby, Synopsis, III:340.)
Keyinchalik, Iso yana O‘n shaharga tashrif buyurganida, uni ko‘plab xayrixoh odamlar kutib olishdi (Mark 7:31−37). Bu shifo topgan jinli odamning sodiq guvohligi natijasi bo‘lganmikan?
O. Bedavoni davolash va o‘likni tiriltirish (8:40−56)
8:40−42 Iso Jalila ko‘li orqali g‘arbiy qirg‘oqqa qaytdi. U yerda ko‘pchilik to‘planib, Uni kutib turishardi. Sinagoga boshlig‘i Yoir, ayniqsa Uni ko‘rishga shoshilardi, chunki uning o‘n ikki yoshli qizi o‘lim to‘shagida yotardi. U Isodan zudlik bilan uyiga borishni iltimos qildi. Biroq xaloyiq Uni siqib, oldinga yurishiga xalaqit berardi.
8:43 Olomon orasida o‘n ikki yildan beri qon ketishidan azob chekayotgan tortinchoq, ammo umidsizlikka tushgan ayol ham bor edi. Shifokor Luka uning barcha mol-mulki va jamg‘armasini shifokorlarga sarflaganini, ammo hech kim uni davolay olmaganini ta’kidlaydi. (Mark esa uning ahvoli yomonlashganini aytib, noprofessional izoh beradi!)
8:44−45 Ayol Isoda o‘zini davolashga qodir kuch borligini his qildi va shu bois olomon orasidan U turgan joyga o‘tdi. Yaqinlashib, u Uning kiyimining etagiga - yahudiy libosining popugiga yoki pastki chetiga qo‘l tekkizdi (Sonlar 15:38−39; Qonunlar 22:12). Shu ondayoq uning qon ketishi to‘xtab, butunlay sog‘ayib ketdi. U sekin chiqib ketmoqchi bo‘ldi, ammo Isoning: "Menga kim tegindi?" degan savoli uning yo‘lini to‘sdi. Butrus va boshqa shogirdlar bu savolni unchalik o‘rinli emas deb o‘ylashdi: har xil odamlar to‘planib, bir-birini turtib, Unga tegib ketishayotgan edi-ku!
8:46 Biroq Iso mutlaqo boshqacha teginishni ilg‘adi. Kimdir aytganidek: "Tan itaradi, imon esa tegadi". U o‘ziga ishonch bilan teginganini bilardi, chunki Undan chiqqan kuchni - ayolni shifolagan qudratni his etdi. U o‘zidan kuch chiqayotganini sezdi. Albatta, U avvalgidek kuchli edi, ammo shifo berish Undan kuch talab qildi. Qandaydir kuch sarflandi.
8:47−48 Ayol qaltirab-titrab kelib, uzr so‘rab, nima uchun Unga teginganini tushuntirdi va sodir bo‘lgan mo‘jizani minnatdorchilik bilan e’tirof etdi. Iso uning ochiq e’tirofini mukofotlab, hammaning oldida uning ishonchini maqtadi va unga tinchlik tiladi. Hech kim va hech qachon Isoga imon bilan tegmaydiki, U buni bilmasa va O‘z barakasini bermasa. Hech kim va hech qachon Uni ochiqchasiga tan olmaydiki, najot topishiga bo‘lgan ishonchi mustahkamlanmasa.
8:49 Ehtimol, qon ketayotgan ayolni davolash Isoni yo‘lda uzoq ushlab turmagan bo‘lsa-da, bu biroz vaqt oldi, chunki xabarchi kelib Yoirning qizi vafot etgani va endi Ustozning xizmati kerak emasligi haqida xabar yetkazdi. Uning shifo berishiga ishonch bor edi-yu, ammo o‘liklarni tiriltirishiga ishonch yo‘q edi.
8:50 Biroq Isoni niyatidan qaytarish oson bo‘lmadi. U tasalli, dalda va va’da so‘zlarini aytdi: "Qo‘rqma, faqat ishon, shunda u qutqariladi".
8:51−53 Uyga yetib kelgach, U faqat Butrus, Yuhanno va Yoqubni ota-onasi bilan birga olib, xonaga kirdi. Hammasi qayg‘udan yig‘lardi, lekin Iso ularga yig‘lashni to‘xtatishni buyurdi, chunki qiz o‘lmagan, balki uxlab yotibdi, dedi. Bu Uning ustidan kulishga sabab bo‘ldi, chunki ular qizning o‘lganini aniq bilishardi.
U haqiqatan ham vafot etganmi yoki komaga o‘xshash chuqur uyquda bo‘lganmi? Ko‘pchilik sharhlovchilar uning vafot etganiga qo‘shiladi. Ular Iso Lazar haqida ham u uxlayapti deb aytganini, aslida uning o‘lganini nazarda tutganini ta’kidlaydilar. Ser Robert Anderson esa qizcha aslida o‘lmaganini aytadi. (Sir Robert Anderson, "Yangi Ahdning noto‘g‘ri tushunilgan matnlari", 51-bet.) Uning dalillari quyidagicha:
1. Iso qizga turishni buyurdi. U shu bobning 48-oyatidagi so‘zni ishlatdi, u yerda bu so‘z tirilishga emas, balki shifo topishga tegishli. Bu so‘z Yangi Ahdda hech qachon o‘liklardan tirilish haqida ishlatilmagan.
2. Iso Lazar voqeasida "uxlash" ma’nosini anglatuvchi boshqa so‘zni qo‘llagan.
3. Odamlar uni o‘lgan deb o‘ylashgan, lekin Iso uning uxlayotganini aniq bilganda, O‘ziga o‘liklardan tiriltirishni nisbat bermas edi.
Anderson bu masala faqat kimga ishonishni xohlashimizga bog‘liq ekanini aytadi. Iso uning uxlayotganini aytdi. Boshqalar esa uning o‘lganini bilishadi deb o‘ylashdi.
8:54−56 Har holda, Iso unga: "Qizaloq! Tur!" dedi. U shu ondayoq turdi. Uni ota-onasiga qaytarib bergach, Iso ularga mo‘jiza haqida gapirib yurmasliklarini buyurdi. Uni shuhrat, xalqning beqaror zavqi yoki behuda qiziqish qiziqtirmasdi. Shu bilan Isoning yerlik xizmatining ikkinchi yili yakunlandi. 9-bob uchinchi yilni ochib beradi, bu yil o‘n ikki shogirdni xizmatga yuborish bilan boshlanadi.