Kitobook.com
AudiokitoblarSimfoniyaGuvohliklarVIDEOUzMusic
KITOBLARAudiokitoblarҲикоялар китобиUZMUSICKINOLAR & MultfimlarNAJOT XABARIXushxabar hikoyalariQaraqalpaqsha KitapUzLatin
MakDonaldning Injil kitobiga o'zbek tilidagi sharhlari

Yuhanno Muqaddas xushxabar: 14Bob

Azərbaycan dilində Müqəddəs Kitab

N. Iso: yo‘l, haqiqat va hayot (14:1−14)

14:1 Ba’zilar bu oyatni 13-bobning oxirgi oyati bilan bog‘lab, bu yerda aytilganlar Butrusga qaratilgan deb o‘ylashadi. Garchi u Rabbidan voz kechsa ham, unga tasalli so‘zi bor. Ammo yunoncha ko‘plik shakli Rabbimiz barcha shogirdlari bilan gaplashganini ko‘rsatadi, shuning uchun 13-bobdan keyin to‘xtam bo‘lishi kerak. Bu yerdagi fikr shunday bo‘lishi mumkin: "Men uzoqqa ketyapman va siz Meni ko‘ra olmaysiz. Yuragingiz xavotirlanmasin; Xudoga, garchi Uni ko‘rmasangiz ham, ishoning. Menga ham avvalgidek ishoning". Bu Xudo bilan tenglikka da’voning yana bir muhim ko‘rinishidir.

14:2 Otaning uyi deganda, ko‘p makonlari bor osmonlar nazarda tutiladi. U yerda barcha najot topganlar uchun joy bor. Agar shunday bo‘lmaganida, Rabbimiz albatta ularga aytgan bo‘lardi; U ularning soxta umidlar bog‘lashini istamasdi. "Sizlarga joy tayyorlagani ketyapman" iborasi ikki ma’noga ega bo‘lishi mumkin. Rabbimiz Iso O‘ziniklar uchun joy tayyorlash maqsadida Golgotaga chiqadi. Aynan Uning qurbonlik o‘limi tufayli imonlilar u yerdan joy oldilar. Shu bilan birga, Rabbimiz joy tayyorlash uchun osmonga ham qaytdi. Biz bu joyning qanday ekanini aniq bilmaymiz, lekin Xudoning barcha farzandlari uchun u yerda hamma sharoitlar yaratilganini bilamiz — tayyorlangan odamlar uchun tayyorlangan joy!

14:3 3-oyat Rabbimiz yana osmondan kelishi, imonda o‘lganlarning tirilishi, tiriklar esa o‘zgarishi va barcha qon bilan sotib olingan xalqlar o‘z uylariga, osmonga qaytishi haqida gapiradi (1Sal 4:13−18; 1Kor 15:51−58). Bu — Masihning shaxsan, asl ma’noda kelishidir. Xuddi U ketganidek, U yana keladi. U O‘ziga tegishli bo‘lganlarning barchasi U bilan abadiy qolishini istaydi.

14:4−5 U osmonga bormoqchi edi va ular osmonga borish yo‘lini bilardilar, chunki U ularga bu haqda ko‘p marta aytgan edi. Ko‘rinib turibdiki, To‘ma Rabbimizning so‘zlari ma’nosini tushunmagan. U ham, Butrus singari, yer yuzidagi uzoq bir joyga sayohat qilishni nazarda tutgan bo‘lishi mumkin.

14:6 Bu go‘zal oyat Rabbimiz Iso Masihning O‘zi osmonga yo‘l ekanligini tushuntiradi. U shunchaki yo‘l ko‘rsatmaydi; U yo‘lning O‘zidir. Najot Uning shaxsida mujassamdir. Bu Shaxsni o‘zingizniki deb qabul qiling va najot topasiz. Masihiylik — bu Masihning O‘zidir. Rabbimiz Iso ko‘p yo‘llardan biri emas. U yagona Yo‘ldir. Hech kim Ota huzuriga faqat U orqaligina keladi. Xudoga yo‘l — O‘nta amr, "oltin qoida", farmonlar, cherkovga a’zolik orqali emas, balki Masih orqali va faqat Masih orqalidir. Bugungi kunda ko‘pchilik agar e’tiqod samimiy bo‘lsa, nimaga ishonishning ahamiyati yo‘qligini aytadi. Ularning fikricha, barcha dinlar o‘zida qandaydir yaxshilikni mujassamlashtirgan va oxir-oqibat osmonga olib boradi. Iso esa: "Hech kim Otamning oldiga Men orqaligina keladi", deb aytgan.

Rabbimiz haqiqatdir. U faqat haqiqatni o‘rgatuvchi emas; U haqiqatning O‘zidir. U Haqiqatning timsolidir.

Kimki Masihga ega bo‘lsa, u Haqiqatga ega bo‘ladi. Uni boshqa hech qayerdan topib bo‘lmaydi.

Iso Masih hayotdir. U ham ruhiy, ham abadiy hayot manbasidir. Uni qabul qilgan kishi abadiy hayotga ega bo‘ladi, chunki U Hayotning O‘zidir.

14:7 Rabbimiz yana bir bor U va Otasi o‘rtasida mavjud bo‘lgan sirli birlikni eslatadi. Agar shogirdlar Isoning aslida Kim ekanligini bilganlarida edi, Uning Otasini ham bilgan bo‘lardilar, chunki Rabbimiz odamlarga Otasini namoyon etdi.

Bundan buyon, ayniqsa Iso tirilganidan keyin, shogirdlar Iso Xudoning O‘g‘li ekanini tushunib yetadilar. Shunda ular Masihni bilish Otani bilish va Rabbimiz Isoni ko‘rish Xudoni ko‘rish ekanini anglab yetadilar. Bu oyat Xudo va Rabbimiz Iso bitta Shaxs ekanligini o‘rgatmaydi. Uch Birlikdagi Xudoda uch xil shaxs bor, lekin faqat bitta Xudo mavjud.

14:8 Filipp Rabbimiz Otasini qandaydir yo‘l bilan ko‘rsatishini istardi va shuning o‘zi unga yetarli bo‘lardi. U Rabbimizning barcha ishlari, so‘zlari va butun borlig‘i ularga Otani ko‘rsatib turganini tushunmas edi.

14:9 Iso sabr-toqat bilan uni tuzatdi. Filipp uzoq vaqt Rabbimiz bilan birga bo‘lgan edi. U dastlabki chaqirilgan shogirdlardan biri edi (Yuh 1:43). Shunga qaramay, Masihning ilohiyligi va Otasi bilan birligi haqidagi to‘liq haqiqat hali unga ochilmagan edi. U Isoni ko‘rib, Otani mukammal tarzda namoyon etgan Zotga qarayotganini anglamagan edi.

14:10−11 "Men Otamdaman va Ota Menda" so‘zlari Ota va O‘g‘il o‘rtasidagi birlikning yaqinligini tasvirlaydi. Ular alohida Shaxslardir, shu bilan birga, ular fazilatlar va iroda borasida yagonadirlar. Buni tushuna olmasak, xafa bo‘lishning hojati yo‘q. Hech bir o‘luvchi aql Xudoning Uch Birligini hech qachon to‘liq tushuna olmaydi. Biz hech qachon bila olmaydigan narsalarni Xudoga ishonib topshirishimiz kerak. Agar biz Uni to‘liq anglaganimizda, U kabi buyuk bo‘lardik! Iso so‘zlar aytish va mo‘jizalar yaratish qudratiga ega edi, biroq U dunyoga Yahvening xizmatkori sifatida kelgan va Otasiga mukammal itoatkorlik bilan so‘zlagan hamda harakat qilgan.

Shogirdlar Uning shaxsiy guvohligiga ko‘ra U Ota bilan bir ekanligiga ishonishlari kerak. Agar ishonmasalar, U qilgan ishlar orqali ishonishlari lozim.

14:12 Rabbimiz Unga ishonganlar U yaratgan mo‘jizalarga o‘xshash va hatto undan ham buyukroq mo‘jizalar yaratishini bashorat qilgan. Havoriylar kitobida biz Najotkorga o‘xshab shifo berish qudratiga ega bo‘lgan havoriylar haqida o‘qiymiz. Ammo biz bundan ham ulkanroq mo‘jizalar haqida ham o‘qiymiz: Hosil bayramida uch ming kishining imon keltirgani. Shuncha jonning qutqarilishi va Cherkovning tashkil topishi, shubhasiz, Xushxabarning butun dunyoga yoyilishining mo‘jizasi edi. Rabbimiz bunga ishora qilib "bundan ham ko‘proq ishlar qiladi" degan iborani ishlatgan. Ruhlarni qutqarish tanani davolashdan ham ulug‘roqdir. Rabbimiz osmonga qaytgach, U ulug‘landi va Muqaddas Ruh yerga yuborildi.

Muqaddas Ruhning qudrati tufayli havoriylar bu buyuk mo‘jizalarni yarata olishdi.

14:13 Shogirdlar uchun, hatto Rabbimiz ularni tark etsa ham, Otaga Uning nomi bilan ibodat qilib, so‘raganlarini olishlari mumkinligini bilish qanchalik tasalli beruvchi edi. Bu oyat imondor Xudodan xohlagan har narsasini ola oladi degani emas. Va’dani tushunishning kaliti "Mening nomim bilan" so‘zlarida yashiringan: Mening nomim bilan nimani so‘rasangiz. Iso nomidan so‘rash faqat ibodat oxirida Uning ismini tilga olish emas. Bu Uning maqsadi va irodasiga muvofiq so‘rash demakdir. Bu Xudoni ulug‘laydigan, insoniyatga baraka keltiradigan va ruhimizga foyda beradigan narsalarni so‘rashdir.

Iso nomidan so‘rash uchun U bilan yaqin munosabatda bo‘lishimiz kerak. Aks holda, so‘rayotgan narsalarimizga Uning munosabatini bilmaymiz. Unga qanchalik yaqin bo‘lsak, istaklarimiz Uning irodasiga shunchalik mos keladi. Ota O‘g‘il orqali ulug‘lanadi, chunki O‘g‘il faqat Xudoga ma’qul bo‘lgan narsani xohlaydi. Bunday ibodatlar aytiladi va yuksaladi, natijada Xudoga buyuk sharaf va shon-shuhrat keltiradi.

14:14 Va’da bu yerda Xudo farzandlariga qanchalik kuchli dalda va qo‘llab-quvvatlash berilishini ta’kidlash uchun takrorlanmoqda. Uning irodasi hayotingiz markazida bo‘lsin, Rabbimiz bilan muloqotda bo‘ling, U istaydigan narsalarni so‘rang va nimani so‘rasangiz, hammasini olasiz.

O. Boshqa Tasalli beruvchini yuborish va’dasi (14:15−26)

14:15 Rabbimiz Iso shogirdlarini tark etishga shaylanayotgan edi va ularning chuqur qayg‘uga botishini bilardi. Ular Unga bo‘lgan muhabbatlarini qanday ifoda eta olishardi? Faqat Uning amrlariga itoat etish orqali. Ko‘z yoshlar bilan emas, balki bo‘ysunish bilan. Rabbimizning amrlari - U bizga Injillarda, shuningdek, Yangi Ahdning boshqa qismlarida bergan ko‘rsatmalaridir.

14:16 Bu yerda Rabbimiz ishlatgan "iltimos qilaman" deb tarjima qilingan so‘z ma’nosi jihatidan quyi mavqedagining yuqori mavqedagiga ibodatini ifodalovchi so‘z bilan bir xil emas; u aynan tengdoshga murojaat qilishni anglatadi. Rabbimiz Otadan boshqa bir Tasalli beruvchini yuborishni so‘raydi. "Tasalli beruvchi" (Paraclete) so‘zi yordam berishga chaqirilgan shaxsni anglatadi. Bu so‘z Himoyachi deb ham tarjima qilinadi (1-Yuhanno 2:1). Rabbimiz Iso bizning Himoyachimiz va Tasalli beruvchimizdir, Muqaddas Ruh esa "birinchisidan farqli" ma’nosida emas, balki xuddi shunday xususiyatlarga ega bo‘lgan yana bir Tasalli beruvchidir. Muqaddas Ruh imonlilar bilan abadiy birga bo‘ladi. Eski Ahdda Muqaddas Ruh odamlarga vaqti-vaqti bilan tushib, ularni tez-tez tark etardi. Endi U abadiy qolish uchun keladi.

14:17 Muqaddas Ruh Haqiqat Ruhi deb ataladi, chunki Uning ta’limoti haqiqiy va U Haqiqat bo‘lgan Masihni ulug‘laydi. Dunyo Muqaddas Ruhni qabul qila olmaydi, chunki Uni ko‘rmaydi.

Imonsizlar avval ko‘rib, keyin ishonishni istaydilar, garchi shamol va elektr mavjudligiga ishonsalar-da, ularni ko‘rmasalar ham. Najot topmaganlar Muqaddas Ruhning mohiyatini bilmaydilar va tushunmaydilar. U ularni gunohda fosh qilsa ham, ular buning U ekanligini anglamaydilar. Shogirdlar esa Muqaddas Ruhni tanirdilar. Ular Uning o‘z hayotlarida faol ekanligini bilar va Rabbimiz Iso orqali amal qilayotganini ko‘rar edilar.

"Chunki U sizlar bilan birga va sizlarda bo‘ladi." Hosil bayramigacha Muqaddas Ruh odamlarga tushib, ular bilan birga bo‘lardi. Ammo Hosil bayramidan so‘ng Muqaddas Ruh Rabbimiz Isoga ishongan har bir kishining hayotida doimo mavjud bo‘ladi. Dovudning: "Muqaddas Ruhingni mendan olib qo‘ymagin" degan ibodati bugungi kunga to‘g‘ri kelmaydi. Muqaddas Ruh, garchi U xafa bo‘lsa, ezilgan yoki to‘xtatib qo‘yilgan bo‘lsa ham, hech qachon imondordan tortib olinmaydi.

14:18 Rabbimiz O‘z shogirdlarini yetim qoldirmaydi va tark etmaydi. U ularning oldiga yana keladi. Bir ma’noda U tirilganidan so‘ng ularga keldi, ammo bu yerda faqat shu nazarda tutilmagan bo‘lishi mumkin. U Hosil bayramida Muqaddas Ruh siymosida ham ularga keldi. Bu ruhiy kelish ushbu oyatning asl ma’nosidir. Hosil bayramida Isoning kelishini ko‘rsatadigan nimalardir bor. Bu yerda yana bir ma’no mavjud: U bu asrning oxirida, O‘zining tanlanganlarini osmondagi uyiga olib ketganda, yana ularning oldiga keladi.

14:19 Imonsizlardan hech kim Hazrati Isoni dafn etilganidan keyin ko‘rmadi. Tirilganidan so‘ng, U faqat Uni sevgan kishilar bilan uchrashdi. Ammo Iso osmonga ko‘tarilganidan keyin ham shogirdlari Uni imon bilan ko‘rishda davom etishdi. Bu "...sizlar esa Meni ko‘rasizlar" degan so‘zlarda nazarda tutilgan. Dunyo Isoni ko‘ra olmay qolganidan so‘ng, shogirdlari Uni ko‘rishda davom etmoqdalar. "Chunki Men tirikman, sizlar ham yashaysizlar." Bu yerda U o‘zining tirilishdan keyingi hayotini nazarda tutgan. Bu Unga ishonganlarning barchasi uchun hayot kafolati bo‘ladi. Agar ular o‘lsalar ham, abadiy hayot uchun qayta tiriladilar.

14:20 "O‘sha kuni" ehtimol yana Muqaddas Ruhning kelishini nazarda tutadi. U imondorlarga O‘g‘il va Ota o‘rtasida hayotiy aloqa borligi haqidagi haqiqatni o‘rgatadi; xuddi shunday, Masih va Uning azizlari o‘rtasida hayot va manfaatlarning ajoyib birligi bo‘ladi. Masih bir vaqtning o‘zida ham imonda bo‘lganda, ham imonda bo‘lgan kishida bo‘lishini tushuntirish qiyin. Mana, olovdagi kosovning oddiy misoli. Nafaqat kosov olovga tegadi, balki olov ham kosovga tegadi. (Boshqa misollar ham ma’lum: qush havoda va havo qushda; baliq suvda va suv baliqda.) Lekin bu misol hammasini tushuntirib bera olmaydi. Masih shu ma’noda imondorda bo‘ladiki, Uning hayoti unga beriladi. U aslida Muqaddas Ruh orqali imondorda bo‘ladi. Imondor kishi shu ma’noda Masihda bo‘ladiki, Xudoning nazdida u Masih shaxsi va ishlarining barcha fazilatlariga ega bo‘ladi.

14:21 Rabbimizga bo‘lgan muhabbatimizning haqiqiy isboti - Uning amrlariga rioya qilishdir. Unga itoat qilishni istamasak, Unga bo‘lgan muhabbatimiz haqida gapirish befoyda. Aytish mumkinki, Ota butun dunyoni sevadi. Ammo U O‘z O‘g‘lini sevganlarga alohida muhabbat ko‘rsatadi. Masih ham ularni sevadi va ularga O‘zini alohida tarzda namoyon qiladi. Najotkorni qanchalik ko‘p sevsak, Uni shunchalik yaxshiroq bilamiz.

14:22 Bu yerda tilga olingan Yahudo, afsuski, xoin bilan bir xil ismga ega edi. Ammo Xudoning Ruhi mehribonlik bilan u bilan Isqariyot o‘rtasidagi farqni ko‘rsatdi. U Rabbimiz qanday qilib dunyoga emas, shogirdlarga ko‘rinishi mumkinligini tushunmasdi. Shubhasiz, u Najotkorning g‘olib podshoh yoki mashhur qahramon sifatida kelishi haqida o‘ylardi. U Rabbimiz O‘zini ruhiy tarzda namoyon etishini tushunmasdi. Ular Uni Xudoning Kalomi orqali imon bilan ko‘radilar.

Bugungi kunda, Xudoning Ruhi ta’sirida, biz Masihni yer yuzida yashagan shogirdlaridan ko‘ra yaxshiroq tanib-bilishimiz mumkin. U bu yerda bo‘lganida, oldinda turgan ko‘pchilik orqada turganlardan ko‘ra Unga yaqinroq edi. Ammo bugun har birimiz imon orqali U bilan eng yaqin muloqotdan bahramand bo‘lishimiz mumkin. Isoning Yahudoga bergan javobi, va’da qilingan zohir bo‘lish Xudoning Kalomi bilan bog‘liq ekanini ko‘rsatadi. Kalomga amal qilish Ota va O‘g‘ilning kelishi va hozir bo‘lishi bilan belgilanadi.

14:23 Agar inson Rabbimizni chindan ham sevsa, Uning ayrim amrlariga emas, balki barcha ta’limotlariga rioya qilishni xohlaydi. Ota O‘z O‘g‘liga so‘zsiz itoat etishni istaganlarni sevadi. Ota ham, O‘g‘il ham bunday mehribon va itoatkor qalblarga ayniqsa yaqin bo‘ladi.

14:24 Boshqa tomondan, Uni sevmaganlar Uning so‘ziga amal qilmaydilar. Masihning so‘zlaridan voz kechish bilan ular Otadan ham voz kechadilar.

14:25 Shogirdlari bilan birga bo‘lib, Rabbimiz ularga hamma narsani o‘rgata olmasdi. U boshqa haqiqatlarni ularga ochib bera olmadi, chunki ular bularni qabul qilishga tayyor emas edilar.

14:26 Ammo Muqaddas Ruh ularga ko‘proq narsani ochib beradi. U Iso Masih nomidan Hosil bayramida yuboriladi. Ruh Masihning nomidan tushdi, chunki u Masihning manfaatlarini yer yuzida ifodalash vakolatiga ega. U O‘zini ulug‘lash uchun emas, balki erkaklar va ayollarni Najotkorga yetaklash uchun tushdi. "Sizlarga hamma narsani o‘rgatadi," dedi Rabbimiz. U buni avvalo havoriylarning og‘zaki xizmati orqali, keyin esa bizda mavjud bo‘lgan Xudoning yozilgan Kalomi orqali amalga oshirdi. Muqaddas Ruh Najotkor o‘rgatgan hamma narsani eslatadi. Aslida, bizningcha, Hazrati Iso Yangi Ahdning qolgan qismida Muqaddas Ruh tomonidan rivojlantiriladigan barcha ta’limotlarni dastlabki shaklda taqdim etgan.

P. Iso shogirdlariga O‘z tinchligini qoldiradi (14:27−31)

14:27 Odatda inson o‘limi oldidan so‘nggi vasiyatini yozib, mol-mulkini uni sevuvchilarga qoldiradi. Bu yerda Rabbimiz Iso ham xuddi shunday qildi. Biroq, U moddiy boyliklarni emas, balki pulga sotib olib bo‘lmaydigan narsalarni vasiyat qildi: tinchlik, gunohlarning kechirilishi va Xudo bilan yarashish natijasida qalbga tushadigan vijdonning ichki tinchligini. Masih tinchlik bera oladi, chunki U buni Golgofadagi O‘z qoni bilan qo‘lga kiritgan. U bizga dunyo beradigan kabi emas - oz, g‘arazli niyatda va qisqa muddatga emas. Uning tinchlik in’omi abadiydir. Shunday ekan, masihiy nega xavotirlanishi yoki qo‘rqishi kerak?

14:28 Iso allaqachon ularga qanday qilib ularni tark etishini va keyinchalik ularni O‘z uyiga, osmonga olib ketish uchun qaytib kelishini aytgan edi. Agar ular Uni chin dildan sevsalar edi, quvonishardi. Albatta, ular Uni o‘zlaricha sevardilar. Lekin ular hali Uning kimligini to‘la anglab yetmagan edilar, shuning uchun ham ularning muhabbati keragicha katta emasdi.

"Otamning oldiga ketyapman, deganimga sevinardingiz, chunki Otam Mendan ulug‘roqdir." Bir qarashda bu oyat Isoning O‘zining Otasi Xudo bilan tengligi to‘g‘risidagi ta’limotiga zid ko‘rinadi. Lekin bu yerda hech qanday qarama-qarshilik yo‘q va keyingi jumla bu so‘zlarni izohlaydi. Iso yer yuzida bo‘lganida, Uni yomon ko‘rishgan, ta’qib qilishgan, azoblashgan, quvg‘in qilishgan va qo‘lga olishga urinishgan. Odamlar Uni haqorat qilishar, masxara qilishar va Unga tupurishardi. U O‘z yaratganlaridan dahshatli xo‘rliklarni boshdan kechirdi.

Xudo Ota hech qachon odamlar tomonidan bunday haqoratli munosabatni boshdan kechirmagan. U osmonda, gunohkorlarning yomonligidan uzoqda turardi. Iso osmonga qaytganidan so‘ng hech qachon bunday xo‘rlanishga uchramaydi, chunki u yerda bunday narsa yo‘q. Shuning uchun, shogirdlar Isoning "Men Otamning oldiga ketyapman" degan so‘zlariga javoban quvonishlari kerak edi, chunki bu ma’noda Ota Undan ulug‘roq edi. Ota Xudo sifatida ulug‘roq emasdi; U shuning uchun buyukroqki, U hech qachon dunyoga bunchalik shafqatsizlik bilan muomala qilingan Inson qiyofasida kelmagan. Ilohiy xususiyatlarga kelsak, O‘g‘il va Ota tengdir. Ammo biz Isoning yer yuzida Inson sifatida o‘z zimmasiga olgan kamtar, da’vosiz vazifasi haqida o‘ylaganimizda, bu jihatdan Xudo Ota Undan ulug‘roq ekanligini tushunamiz. U O‘z mavqei bilan ulug‘roq, lekin shaxsiy fazilatlari bilan emas.

14:29 Rabbimiz qo‘rqib ketgan shogirdlariga beg‘araz g‘amxo‘rlik qilib, ular vasvasaga tushmasliklari, ruhiy tushkunlikka berilmasliklari va qo‘rqmasliklari, aksincha ishonishlari uchun nima sodir bo‘lishini oldindan aytib berdi.

14:30 Rabbimiz O‘zining topshirilish vaqti yaqinlashib qolganini va shogirdlari bilan gaplashishga oz vaqt qolganini bilardi. O‘shanda shayton allaqachon yaqin atrofda izg‘ib yurardi, ammo Xaloskor dushman Undan zarracha gunoh topa olmasligini bilardi. Masihda iblisning yovuz vasvasalariga javob beradigan hech narsa yo‘q edi. Agar Isodan boshqa biror kimsa "Shayton menda hech narsa topa olmaydi" desa, kulgili bo‘lardi.

14:31 Bu oyatni quyidagicha ifodalash mumkin: "Menga xiyonat qilinadigan vaqt yaqinlashmoqda. Lekin Men xochga ixtiyoriy ravishda boryapman. Bu Men uchun Otamning irodasidir va uni bajarish orqali dunyo Otamni qanchalik sevishimni bilib oladi. Shuning uchun Men hech qanday qarshilik ko‘rsatmasdan o‘limga ketyapman." Rabbimiz shunday dedi-da, shogirdlariga o‘rinlaridan turib, U bilan yurishni taklif qildi. Bu matndan ularning yuqori xonadan qayerga ketganlari aniq emas. Ehtimol, suhbat yo‘lda davom etgandir.

Muqaddas Kitob ONLINE

1 Iso shogirdlariga dedi: — Yuragingiz siqilmasin. Xudoga ishoning, Menga ham ishoning!
2 Otamning uyida maskan ko‘p. Shunday bo‘lmaganda edi, sizlarga bularni aytib o‘tirmagan bo‘lardim. Men sizlarga joy tayyorlagani ketyapman.
3 Men borib sizlarga joy tayyorlayman–u, sizlarni O‘zim bilan olib ketgani kelaman. Toki Men bo‘lgan joyda sizlar ham bo‘linglar.
4 Men boradigan joyga olib boradigan yo‘lni sizlar bilasizlar.
5 — Hazrat! — dedi Unga To‘ma, — Qayerga borishingizni bilmasak, yo‘lni qayerdan bilamiz?
6 Iso unga dedi: — Men yo‘l, haqiqat va hayotdirman. Otaning oldiga olib boradigan Mendan boshqa yo‘l yo‘q.
7 Meni taniganingiz uchun, Otamni ham tanib olasizlar. Endi Uni tanidingizlar, Uni ko‘rdingizlar.
8 Filip Isoga dedi: — Hazrat, bizga Otani ko‘rsating, shuning o‘zi bizga kifoya!
9 — Filip, — dedi unga Iso, — Men shuncha vaqtdan beri sizlar bilan birgaman. Nahotki Meni tanimasang?! Meni ko‘rgan odam Otani ko‘rgan bo‘ladi. Shunday ekan, qanday qilib sen: “Otani bizga ko‘rsating”, deyapsan?
10 Men Otada, Ota esa Menda ekanligiga nahotki ishonmasang?! Men sizlarga aytgan so‘zlarni O‘zimdan to‘qib gapirmayapman. Aksincha, Menda yashagan Otam Men orqali O‘z ishlarini bajarmoqda.
11 Men Otamda va Otam Menda ekanligiga ishoninglar. Agar ishonmasangizlar, hech bo‘lmasa, qilgan ishlarim tufayli ishoninglar.
12 Sizlarga chinini aytayin: Menga ishongan odam Men qilgan ishlarni qiladi. Bulardan ham buyukroq ishlarni qiladi, chunki Men Otaning oldiga ketyapman.
13 Sizlar Mening nomimdan so‘ragan hamma narsani Men bajo keltiraman, toki Ota O‘z O‘g‘li orqali ulug‘lansin.
14 Ha, sizlar Mening nomim bilan Mendan so‘ragan har qanday narsani bajo keltiraman.
15 — “Agar Meni sevsangizlar, amrlarimga amal qilasizlar.
16 Men Otaga murojaat qilaman va U sizlar bilan to abad qoladigan boshqa Homiyni yuboradi.
17 Bu Homiy — Haqiqat Ruhidir. Bu dunyoga tegishli bo‘lganlar Uni qabul qila olmaydilar, chunki Uni na ko‘rishadi, na bilishadi. Sizlar esa Uni bilasizlar, chunki U sizlar bilan yashamoqda, U ichingizda bo‘ladi.
18 Men sizlarni yetim qoldirmayman, yana oldingizga qaytib kelaman.
19 Birozdan keyin dunyo Meni boshqa ko‘rmaydi. Ammo sizlar Meni ko‘rasizlar. Men barhayot bo‘lganim uchun, sizlar ham yashaysizlar.
20 Men Otamda ekanimni, sizlar Menda va Men sizlarda ekanimni o‘sha kuni anglab olasizlar.
21 Mening amrlarimni bilib, ularga amal qilgan kishi Meni sevadi. Kim Meni sevsa, Otam ham uni sevadi. Men ham uni sevaman va O‘zimni unga ayon qilaman.”
22 Ishqariyot bo‘lmagan boshqa Yahudo Isoga dedi: “Hazrat, nega O‘zingizni dunyoga ayon qilmay, bizga ayon qilmoqchisiz?”
23 Iso unga shunday javob berdi: “Kim Meni sevsa, Mening so‘zimga amal qiladi. Otam ham uni sevadi. Biz uning oldiga kelib, u bilan birga yashaymiz.
24 Meni yaxshi ko‘rmagan kishi so‘zlarimga amal qilmaydi. Sizlar eshitgan so‘z Meniki emas, balki Meni yuborgan Otanikidir.
25 Men sizlar bilan ekanman, bularni aytdim.
26 Otam Mening nomimdan yuboradigan Homiy, ya’ni Muqaddas Ruh sizlarga hammasini o‘rgatadi. Men sizlarga aytgan hamma so‘zlarimni U yodingizga tushiradi.
27 Men sizlarga tinchlikni qoldiryapman. O‘z tinchligimni sizlarga beryapman. Men berayotgan tinchlik dunyo beradigan tinchlikka o‘xshamaydi. Yuragingiz siqilmasin, qo‘rqmanglar.
28 Sizlarga aytganimni eshitdingizlar: Men ketib, yana oldingizga qaytib kelaman. Agar Meni yaxshi ko‘rganingizda edi, Otaning oldiga ketayotganimdan quvongan bo‘lar edingizlar. Zero, Ota Mendan ulug‘dir.
29 Bu hodisalar sodir bo‘lmasdan oldin sizlarga aytdim. Toki sodir bo‘lganda ishoninglar.
30 Sizlar bilan so‘zlashishga deyarli vaqtim qolmadi. Chunki bu dunyoning yovuz hukmdori kelyapti. U Menga hukmini o‘tkaza olmaydi.
31 Lekin dunyo bilsinki, Men Otani sevaman, Ota Menga neki buyurgan bo‘lsa, xuddi shuni bajaraman. Qani turinglar, bu yerdan keta qolaylik.”