Kitobook.com
AudiokitoblarSimfoniyaGuvohliklarVIDEOUzMusic
KITOBLARAudiokitoblarҲикоялар китобиUZMUSICKINOLAR & MultfimlarNAJOT XABARIXushxabar hikoyalariQaraqalpaqsha KitapUzLatin
MakDonaldning Injil kitobiga o'zbek tilidagi sharhlari

Havoriylarning faoliyati: 24 Bob

MakDonaldning Injil kitobiga o`zbek tilidagi sharhlari

24:1 Pavlus Quddusni tark etib, Qaysariyaga ketganidan besh kun o‘tgach, oliy ruhoniy Hanoniyo bir necha sinedrion a’zolari bilan u yerga keldi. Ular sudda o‘zlarini himoya qilish uchun Tertull ismli rimlikni yolladilar. U Feliksning oldiga chiqib, Pavlusga qarshi ayblovlarni ilgari surishi va qo‘llab-quvvatlashi kerak edi.

24:2−4 Tertull o‘zining ayblov nutqini hukmdorga xushomad qilishdan boshladi. Albatta, uning gaplarida haqiqat ulushi bor edi. Feliks isyon va qo‘zg‘olonlarni bostirib, tartibni saqlab turardi. Ammo Tertullning so‘zlari shunchaki faktni tasdiqlashdan ko‘ra ko‘proq ma’no anglatardi va, shubhasiz, noibning marhamatiga sazovor bo‘lishga urinish edi.

24:5−8 So‘ng u havoriy Pavlusga qarshi to‘rt xil ayblov qo‘ydi:

1. U vabo kabi, ya’ni jonga tegadigan odam edi.

2. U yahudiylar orasida g‘alayonlar qo‘zg‘atuvchi edi.

3. U Nosirilik mazhabining yetakchisi edi.

4. U ma’badni bulg‘ashga jur’at etgan edi.

24:9 Tertull Feliks Pavlusga qo‘yilgan ayblovlarning qanchalik asosli ekanligini aniqlay olishiga ishonch bildirganidan so‘ng, u yerda hozir bo‘lgan yahudiylar Tertull aytgan gaplarni tasdiqlashdi.

24:10 Hokimning ishorasi bilan Pavlus o‘zini himoya qilish uchun so‘zga chiqdi. Avvalo, u ko‘p yillik tajribasi tufayli yahudiy xalqining urf-odatlari va turmush tarzini yaxshi biladigan odam oldida gapirish imkoniyatiga ega bo‘lganidan mamnunligini bildirdi. Uning so‘zlari xushomadgo‘ylikdek tuyulishi mumkin, ammo aslida ular xushmuomalalik bilan faktni ta’kidlashdan iborat edi.

Shundan so‘ng havoriy o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarga birma-bir javob qaytardi.

24:11 Jamoat osoyishtaligini buzganlik aybloviga javoban, Pavlus Quddusga kelganiga atigi o‘n ikki kun bo‘lganini va uning maqsadi tartibsizliklar uyushtirish emas, balki sajda qilish ekanligini aytdi.

24:12−13 Keyin u yahudiylarni g‘alayonga undagan degan ayblovni rad etdi. U na ma’badda, na sinagogalarda, na shahar bo‘ylab hech kimga qarshi bahslashmagan va hech qanday tarzda odamlarni qo‘zg‘atishga urinmagan edi. Faktlar shunday edi va hech kim ularni inkor eta olmasdi.

24:14−17 Pavlus uchinchi ayblovni, ya’ni Nosiriy mazhabining yetakchisi ekanligini inkor etmadi. Biroq u shu yo‘l bilan yahudiylarning Xudosiga xizmat qilayotganini, Tavrotda yozilgan barcha narsalarga ishonishini aytdi. U ortodoksal yahudiylarning, ayniqsa farziylarning solihlar ham, fosiqlar ham tirilishi haqidagi umidlariga qo‘shilardi. Bu kelajakdagi tirilishni yodda tutib, u doimo Xudo va odamlar oldida vijdonini pok saqlashga intilgan. Pavlus nafaqat yahudiylar orasida g‘alayon ko‘tarish fikridan yiroq edi, balki u yahudiylarga xayr-ehson va nazrlar keltirish uchun Quddusga kelgan edi. U, shubhasiz, Makedoniya va Axaya cherkovlarining Quddusdagi muhtoj yahudiy imonlilarga mo‘ljallangan ehsonlarini nazarda tutayotgan edi.

24:18−19 To‘rtinchi ayblovga kelsak - u ma’badni bulg‘agani haqida - Pavlus shunday javob berdi: u yahudiy urf-odatiga ko‘ra ma’badda nazr keltirayotganida, Osiyolik yahudiylar uni ko‘rib qolib, ma’badga nopok majusiyni olib kirganlikda ayblagan edilar. O‘shanda havoriy yolg‘iz o‘zi poklanish marosimini o‘tkazayotgan edi. Quddusda unga qarshi g‘alayon ko‘targan o‘sha Osiyolik yahudiylar, agar havoriyga qarshi biror ayblari bo‘lsa, uni ayblash uchun Qaysariyaga kelishlari kerak edi.

24:20−21 So‘ngra Pavlus hozir bo‘lgan yahudiylardan Quddusdagi sinedrion oldida turganida uning qanday jinoyatlari fosh etilganini aniq aytib berishlarini talab qildi. Ular buni qila olmas edilar. Ular faqatgina Pavlusning baland ovozda aytgan so‘zlarini eslatishlari mumkin edi: "O‘liklarning tirilishi haqidagi ta’limot uchun men bugun sizlar tomoningizdan hukm qilinmoqdaman". Boshqacha aytganda, Pavlusga qo‘yilgan jinoiy ayblovlar asossiz bo‘lib, ulardagi haqiqat esa jinoyat emas edi.

24:22 Feliks ishni eshitgach, ikki yo‘l orasida qoldi. U xristianlik haqida yetarlicha bilimga ega bo‘lib, kimning haq ekanini tushunardi. Uning oldida turgan mahbus Rim qonunlariga qarshi hech qanday jinoyat qilmagani aniq edi. Shunga qaramay, agar u Pavlusni oqlasa, yahudiylarning g‘azabini qo‘zg‘atardi. Siyosiy jihatdan yahudiylarning ko‘nglini olish muhim edi. Shu sababli u ishni yanada o‘rganish uchun sabab topdi. U mingboshi Lisiy Qaysariyaga kelguncha kutishini e’lon qildi. Aslida, bu sud jarayonini kechiktirishga imkon beradigan taktik hiyla edi. Mingboshining Qaysariyaga kelgan-kelmagani haqida hech qanday ma’lumot yo‘q.

24:23 Feliks ishni yakunlar ekan, Pavlusni qo‘riqchilik ostida saqlashni, ammo unga yengil sharoit yaratib, yaqinlarining uni ko‘rgani kelishi va unga oziq-ovqat hamda kiyim-kechak keltirishi uchun ruxsat berishni buyurdi. Bu, shubhasiz, hokim Pavlusni haqiqiy jinoyatchi deb hisoblamaganidan dalolat berardi.

24:24−25 Ommaviy tinglovdan bir necha kun o‘tgach, Feliks va uning xotini Druzilla xristianlik haqida ko‘proq bilish uchun havoriy bilan shaxsan uchrashishdi. Pavlus axloqsiz hokim va uning noqonuniy xotini bilan haqiqat, o‘zini tuta bilish va kelajakdagi hukm haqida mutlaqo qo‘rqmasdan gaplashdi. Ularning na ijtimoiy, na shaxsiy hayotida haqiqat bor edi. Ular o‘zlarini tuta bilishni ham bilishmasdi, buni ularning hozirgi gunohkorona ittifoqi ko‘rsatib turardi. Ularni kelajakdagi hukm haqida ogohlantirish zarur edi, chunki faqat gunohlari Masihning qoni orqali kechirilsagina, ular do‘zax olovida halok bo‘lishdan qutulishlari mumkin edi.

24:25−26 Havoriyning so‘zlari, chamasi, Feliksga Druzillaga qaraganda kuchliroq ta’sir qildi. Biroq u qo‘rqib ketgan bo‘lsa-da, Najotkorga ishonmadi. U qaror qabul qilishni keyinga surib: "Hozircha ketaver, vaqt topganimda seni yana chaqiraman," dedi. Afsuski, Muqaddas Kitobda aytilishicha, bunday vaqt hech qachon kelmadi. Ammo bu Pavlusning Feliksga bergan so‘nggi guvohligi emas edi. Pavlus Qaysariyada mahbus bo‘lib yashagan keyingi ikki yil davomida hokim uni bir necha marta o‘z huzuriga chaqirdi. Aslida, Feliks Pavlusning do‘stlari bu mahbusni ozod qilish uchun unga katta pora berishiga umid qilardi.

24:27 Ikki yil o‘tgach, milodiy 60-yilda Feliksning o‘rniga Porsiy Fest tayinlandi. Feliks yahudiylarning ko‘nglini olish uchun Pavlusni Qaysariyada qamoqda qoldirdi.

Muqaddas Kitob ONLINE

1 Besh kun o‘tgach, oliy ruhoniy Hananiya bir necha oqsoqollar va Tertull degan bir huquqshunos bilan birga Qaysariyaga keldi. Ular Pavlusga qarshi arzlarini hokimga bayon qilmoqchi bo‘ldilar.
2 Pavlusni chaqirib keltirganlaridan keyin, Tertull uni ayblay boshladi:
3 — Janobi oliylari! Sizning dono rahbarligingiz ostida biz anchadan buyon tinch–xotirjam yashayapmiz, uzoqni ko‘ra bilishingiz sharofati bilan xalqimiz uchun islohotlar amalga oshirildi. Biz buni hamma joyda va har doim e’tirof etamiz, sizdan chuqur minnatdormiz.
4 Men sizning vaqtingizni ko‘p olmoqchi emasman, marhamatingizni darig‘ tutmay, bizning qisqa axborotimizga quloq solishingizni iltimos qilaman.
5 Biz aslida bu odamni vabo singari xavfli deb bilamiz. U dunyodagi hamma yahudiylar orasida isyon boshladi. U nasroniylar mazhabining rahnamosidir.
6 U hatto Ma’badni bulg‘ashga harakat qildi. Shuning uchun biz uni hibsga oldik.
7 Lekin mingboshi Lisiy kelib, uni zo‘rlik bilan qo‘limizdan tortib olib,
8 Bu odamni o‘zingiz so‘roq qilsangiz, biz uni nimada ayblayotganimizni uning o‘zidan bilib olasiz.
9 Yahudiylar bu ayblovlarga qo‘shilib, bularning hammasi haqiqat, deb aytdilar.
10 Hokim Pavlusga, gapir, deb ishora qilgandan keyin, u shunday javob berdi: — Bilaman, siz ancha yillardan beri bu xalq ustidan hukmron bo‘lib kelasiz. Shuning uchun o‘zimni sizning huzuringizda himoya qilayotganimdan xursandman.
11 O‘zingiz bilib olishingiz mumkin: Xudoga sajda qilgani Quddusga borganimga o‘n ikki kundan oshgani yo‘q.
12 Men Ma’badda biron odam bilan tortishib qolganimni yoki sinagogalarda, yo bo‘lmasa shaharda olomon orasiga g‘ulg‘ula solganimni ular ko‘rganlari yo‘q.
13 Qolaversa, hozir menga qarshi aytayotgan ayblovlarini ular isbotlab bera olmaydilar.
14 Ammo shuni tan olishim kerakki, ular Isoning yo‘lini soxta e’tiqod deb aytishadi. Men esa Isoning yo‘li orqali ota–bobolarimizning Xudosiga sajda qilaman. Tavrotga mos kelgan va payg‘ambarlar bitiklarida yozilgan har bir so‘zga men ishonaman.
15 Men mana shu odamlar singari Xudoga umid bog‘laganman. Men ham ularday Xudo solihlarni va fosiqlarni tiriltirishiga ishonaman.
16 Ayni shu sababdan Xudo va xalq oldida men doim vijdonimni sof saqlashga tirishaman.
17 Mana, Quddusda bo‘lmaganimga bir necha yil bo‘ldi, endi xalqimga sadaqa berish va nazr qilish uchun Quddusga borgandim.
18 Men shularni bajarayotganimda, ular meni Ma’badda ko‘rib qoldilar. Men poklanish marosimini ado etayotgan edim, yonimda olomon yo‘q edi, shovqin–suron ham ko‘tarmagan edim.
19 Asiya viloyatidan bo‘lgan bir necha yahudiylar o‘sha yerda edilar. Agar ularning menga qarshi biron da’volari bo‘lsa, ular o‘zlari sizning huzuringizga kelib, o‘z ayblovlarini bildirishlari kerak.
20 Yoki bu yerdagilar aytishsin, men Oliy kengash a’zolari oldida turganimda menda qanday jinoyat topdilar ekan?
21 Men ularning oldida turganimda, baland ovozda: “Men o‘liklar tiriladi, deb aytganim uchun bugun oldingizda hukm qilinyapman”, deb aytgan edim. Bundan boshqa nima aybim bor?
22 Isoning yo‘li to‘g‘risida batafsil xabardor bo‘lgan Feliks yig‘ilishni to‘xtatib: “Mingboshi Lisiy kelgandan keyin, sening ishing to‘g‘risida qaror qabul qilaman”, dedi.
23 Feliks yuzboshiga: “Uni qamab qo‘y, ammo unga ozgina erkinlik ber, uning ehtiyojlari uchun xizmat qilmoqchi bo‘lgan do‘stlariga ijozat ber”, deb buyruq berdi.
24 Bir necha kundan keyin Feliks xotini Drusilla bilan keldi. Drusilla yahudiy edi. Feliks Pavlusni chaqirtirib keldi va Iso Masihga ishonch to‘g‘risidagi gaplarini tingladi.
25 Pavlus solihlik, nafsni tiyish, qiyomat kunining kelishi to‘g‘risida gapirar ekan, Feliks qo‘rqib, dedi: — Sen endi boraver. Imkon topilgan zahoti, seni chaqiraman.
26 Feliks: “Pavlus menga pora beradi”, deb umid qilardi, shuning uchun Pavlusni tez–tez chaqirib, u bilan suhbatlashardi.
27 Oradan ikki yil o‘tgach, Feliksning o‘rniga Porsiy Festus hokim bo‘ldi. Feliks yahudiylarning ko‘nglini olmoqchi bo‘lib, Pavlusni qamoqda qoldirdi.
  • Kirish
  • More pages
  • 23
  • 24
  • 25
  • More pages
  • 28