25:1 Milodiy 60-yilning kuzida imperator Neron Porsiy Festni Yahudiyaning Rim hukmdori etib tayinladi. Qaysariya Suriya Rim viloyatining siyosiy markazi bo‘lib, unga Yahudiya ham kirgan edi. Uch kundan so‘ng Fest Qaysariyadan o‘ziga ishonib topshirilgan hududning diniy poytaxti Quddusga yo‘l oldi.
25:2−3 Pavlusning Qaysariyaga ko‘chirilganiga ikki yil bo‘lgan bo‘lsa-da, yahudiylar uni unutishmagan va ularning o‘tli nafrati so‘nmagan edi. Oliy ruhoniy va yahudiylarning nufuzli kishilari yangi hukmdorning marhamatiga umid qilib, Pavlusni yana ayblab, uni Quddusga sud qilish uchun yuborishni so‘rashdi. Ehtimol, ular uni sinedrion sud qilishi kerakligini nazarda tutishgandir, ammo ularning haqiqiy rejasi pistirma qo‘yib, uni yo‘lda o‘ldirish edi.
25:4−5 Ammo Fest, shubhasiz, ularning avvalgi Pavlusni o‘ldirish fitnasi va Quddus mingboshisi tomonidan uni yashirincha Qaysariyaga olib ketish uchun ko‘rilgan murakkab choralar haqida xabardor edi. U ularning iltimosini rad etdi, biroq agar ular Qaysariyaga kelishsa, Pavlusga qarshi guvohlik berish imkoniyatini va’da qildi.
25:6−8 Fest Quddusda sakkiz yoki o‘n kun bo‘lgach, Qaysariyaga qaytib keldi va ertasi kuni sud tayinladi. Yahudiylar shiddat bilan hujumga o‘tib, Pavlusga qarshi ko‘plab og‘ir ayblovlar qo‘yishdi, ammo birortasini ham isbotlay olishmadi. O‘z qoralovchilarining zaifligini sezgan havoriy na qonunga, na ibodatxonaga va na qaysarga qarshi qilingan har qanday jinoyatni oddiy rad etish bilan kifoyalandi.
25:9−11 Qaysidir lahzada Fest yahudiylarning Pavlusni Quddusga, sinedrion sudiga yuborish haqidagi talabiga rozi bo‘lgandek tuyulishi mumkin edi. Biroq u mahbusning roziligisiz buni qilishni istamasdi. Shubhasiz, Pavlus rozi bo‘lsa, Quddusga tirik yetib borolmasligini tushunardi. Shuning uchun u, Qaysariyadagi sud bu ish uchun juda mos kelishini aytib, rad javobini berdi. Agar u Rim imperiyasiga qarshi jinoyat qilgan bo‘lsa, buning uchun o‘limga ham tayyor ekanini bildirdi. Ammo u bunday jinoyatda aybdor bo‘lmasa, qanday qilib qonuniy asosda yahudiylar qo‘liga topshirilishi mumkinligini so‘radi. Shunda havoriy Pavlus Rim fuqarosining huquqlaridan to‘liq foydalangan holda o‘zining unutilmas so‘zlarini aytdi: "Qaysar sudini talab qilaman".
Pavlusning qaysarga qilgan murojaati asosli edimi? Butunlay Parvardigorga suyanib, o‘zining dunyoviy fuqaroligiga bog‘liq bo‘lib qolmasligi kerak emasmidi? Bu "Pavlusning xatolaridan" biri edimi? Biz bu savolga to‘liq aniqlik bilan javob bera olmaymiz. Bizga ma’lum bo‘lishicha, o‘sha paytda aynan qaysarga murojaat qilish uning ozod qilinishiga to‘sqinlik qilgan, ammo agar u qaysarning sudini talab qilmaganida ham, u qanday bo‘lmasin Rimga tushib qolgan bo‘lardi.
25:12 Fest maslahatchilari bo‘lmish "huquqshunoslar" bilan bunday vaziyatda qanday yo‘l tutish kerakligi haqida qisqacha suhbatlashdi. Keyin u Pavlusga, ehtimol juda g‘azablangan holda: "Sen Qaysarning sudini talab qilding, endi Qaysarning oldiga borasan", - dedi.
25:13 Ta’riflangan voqealardan biroz vaqt o‘tgach, shoh Agrippa II va uning singlisi Veronika Festni yangi lavozim bilan tabriklash uchun Qaysariyaga kelishdi. Agrippa Hirod Agrippa I ning o‘g‘li bo‘lib, u Yoqubni o‘ldirib, Butrusni zindonga tashlagan edi (Havoriylar 12). Uning singlisi favqulodda go‘zal ayol edi. Tarixchilar unga juda shubhali xatti-harakatlar, jumladan, akasi bilan aloqasi borligini nisbat berishsa-da, Yangi Ahd uning xarakteri haqida hech narsa demaydi.
25:14−16 Ular Qaysariyada ancha vaqt qolishdi va Fest Agrippaga Pavlus ismli mahbus bilan bog‘liq muammo haqida gapirib berishga qaror qildi. Avvaliga u yahudiylarning Pavlusni sudsiz shoshilinch hukm qilish haqidagi talabi to‘g‘risida batafsil gapirib berdi. U o‘zini tegishli yuridik jarayonlarga rioya qilish tarafdori va himoyachisi sifatida ko‘rsatib, ayblanuvchi o‘z ayblovchilari bilan yuzma-yuz uchrashib, o‘zini himoya qilish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak bo‘lgan sud jarayonini qanday talab qilganini tushuntirdi.
25:17−19 Ish sudgacha yetganda, Feliks mahbusning imperiyaga qarshi hech qanday jinoyat sodir etmaganini aniqladi. Masala ko‘proq ularning Xudoga sig‘inishlari va Pavlus tirik deb ta’kidlagan qandaydir vafot etgan Iso haqidagi bahsga taalluqli edi.
25:20−22 So‘ngra Fest Pavlusga Quddusga borishni taklif qilgani va Pavlusning Avgustga (bu yerda imperatorning ismi emas, unvoni) murojaat etgani haqida so‘zlab berdi. Bu, shubhasiz, muammo tug‘dirdi. Mahbusni Rimga jo‘natishda unga qarshi ayblov qo‘yish lozim edi. Qanday ayblov? Agrippa yahudiy bo‘lgani va yahudiylik ta’limotlarini yaxshi bilgani bois, Fest undan munosib ayblov tuzishda yordam berishini umid qilardi.
Dunyo Najotkorini tilga olganda, Fest "qandaydir Iso" iborasini ishlatdi. Bu borada Bengelning izohini takrorlash o‘rinli bo‘ladi: "Hamma tiz cho‘kishi lozim bo‘lgan Zot haqida qandaydir arzimas Fest shunday deydi".
25:23 Ertasi kuni rasmiy tinglov belgilandi. Agrippa va Veronika katta dabdaba bilan kirib kelishdi. Ularga mingboshilar va shaharning nufuzli fuqarolari hamrohlik qilishdi. Shundan so‘ng Pavlus keltirildi.
25:24−27 Fest yana bu ishning tarixini bayon etdi: yahudiylarning Pavlusni qatl qilish haqidagi qat’iy talablari; u, Fest, havoriyda o‘limga loyiq hech qanday ayb topmagani va Pavlusning qaysarga murojaat qilgani haqida. Bu Festni mushkul ahvolga soldi: u Pavlusning talabini bajarishga va uni Neron huzuriga yuborishga majbur bo‘ldi, garchi sud uchun hech qanday qonuniy asos bo‘lmasa-da. Fest ochiqchasiga Agrippaning yordamiga umid qilayotganini aytdi: pirovardida, darhaqiqat, mahbusni yuborish va unga qo‘yilgan ayblovlarni ko‘rsatmaslik nodonlik bo‘lardi. Jarayon suddan ko‘ra ko‘proq tinglovga o‘xshardi. Pavlusni ayblagan yahudiylar bu yig‘inda qatnashmagan va Agrippadan biror majburiy qaror chiqarishi kutilmagan edi.