1 Bu so‘zlarni aytgandan so‘ng, Iso O‘z shogirdlari bilan u yerdan chiqib, Qidron soyligining narigi tomoniga o‘tdi. O‘sha yerda bir bog‘ bor edi. Iso shogirdlari bilan boqqa kirdi.
2 Isoning xoini Yahudo ham o‘sha joyni bilar edi, chunki Iso shogirdlari bilan u yerda tez–tez uchrashib turar edi.
3 Shunday qilib, Yahudo bir bo‘linma Rim askarlarini hamda bosh ruhoniylar va farziylar tomonidan yuborilgan mirshablarni boshlab, u yerga keldi. Qo‘llarida mash’alu fonuslar, qurol–yarog‘lar bor edi.
4 Iso boshidan kechadigan hamma narsani bilar edi. U odamlarga peshvoz chiqib, so‘radi: — Kimni qidiryapsizlar?
5 — Nosiralik Isoni, — deb javob berishdi ular. — O‘sha Menman, — dedi Iso. Isoning xoini Yahudo ularning orasida turgan edi.
6 Iso “O‘sha Menman” deyishi bilanoq ular orqaga tisarilib, yerga yiqilishdi.
7 Iso ulardan yana so‘radi: — Kimni qidiryapsizlar? — Nosiralik Isoni, — dedilar.
8 — Sizlarga aytdim–ku, O‘sha Menman, — dedi ularga Iso. — Agar Meni qidirayotgan bo‘lsangizlar, bularni qo‘yib yuboringlar, ketaverishsin.
9 Shu yo‘sin Isoning ilgari: “Ota, Sen Menga bergan odamlardan hech birining yo‘qolishiga yo‘l qo‘ymadim”, degan so‘zlari bajo bo‘ldi.
10 Shu onda Shimo‘n Butrus yonidagi qilichini qinidan sug‘urdi–da, oliy ruhoniyning xizmatkoriga bir urib, o‘ng qulog‘ini kesib tashladi. Xizmatkorning ismi Malxus edi.
11 Iso Butrusga: — Qilichingni qiniga solib qo‘y! Nahotki Men Otam bergan azob kosasidan ichmasam?! — dedi.
12 Shunda Rim askarlari bilan bo‘linma qo‘mondoni va yahudiy mirshablari Isoni qo‘lga olib, bog‘lab qo‘yishdi.
13 Uni oldin Hanan oldiga olib borishdi. Hanan o‘sha yilgi oliy ruhoniy bo‘lgan Kayafaning qaynatasi edi.
14 Yahudiylarga: “Xalq uchun bitta odamning o‘lishi yaxshiroq”, deb maslahat bergan o‘sha Kayafa edi.
15 Isoning orqasidan Shimo‘n Butrus va yana boshqa bir shogird ergashib borishar edi. Bu shogird oliy ruhoniy Hananning tanishi bo‘lib, Iso bilan bemalol oliy ruhoniyning hovlisiga kirdi.
16 Butrus esa tashqarida, darvoza oldida qoldi. Oliy ruhoniyga tanish bo‘lgan shogird keyinroq yana tashqariga chiqdi–da, darvozabon cho‘riga nimadir deb, Butrusni ichkariga olib kirib ketdi.
17 Shunda darvozabon cho‘ri Butrusdan: — Siz ham U Odamning shogirdlaridan emasmisiz? — deb so‘radi. — Yo‘q! — dedi Butrus.
18 Havo sovuq bo‘lgani uchun u yerda turgan xizmatkorlar bilan mirshablar ko‘mir yoqib, isinayotgan edilar. Butrus ham ularning oldiga borib, isinib turdi.
19 Shu paytda oliy ruhoniy Hanan Isoga shogirdlari va ta’limotiga taalluqli savollar berar edi.
20 Iso unga javob berib dedi: — Men elu olamga ochiq so‘zladim. Har doim yahudiylar yig‘iladigan sinagogalarda va Ma’badda ta’lim berib yurdim, hech yashirincha gap aytmadim.
21 Nega Meni so‘roq qilyapsiz? Gaplarimni eshitgan odamlardan so‘rang. Nimalar haqida gapirganimni ular bilishadi.
22 Iso bularni aytib bo‘lgach, yonida turgan mirshablardan biri Isoning yuziga bir shapaloq urib, dedi: — Oliy ruhoniyga ham shunday javob berasanmi?
23 Iso bunga javoban dedi: — Agar Men noto‘g‘ri gapirgan bo‘lsam, noto‘g‘ri joyini ko‘rsat. Agar to‘g‘ri gapirgan bo‘lsam, nega Meni urasan?
24 Shundan keyin Hanan Isoni bog‘langan holda oliy ruhoniy Kayafa huzuriga yubordi.
25 Shimo‘n Butrus olov oldida isinib turarkan, kimdir undan: — Siz ham Uning shogirdlaridan emasmisiz? — deb so‘radi. — Yo‘q! — deb tondi u.
26 Oliy ruhoniyning xizmatkorlaridan biri Butrus qulog‘ini uzib yuborgan odamning qarindoshi edi. Bu xizmatkor Butrusga dedi: — Sizni bog‘da U bilan ko‘rdim, shekilli?
27 Butrus esa yana tondi. Naq shu payt xo‘roz qichqirdi.
28 Tong otdi. Yahudiylar Isoni Kayafa huzuridan olib chiqib, Rimlik hokim Pilatning saroyiga olib bordilar. O‘zlari esa bulg‘anishni istamay hukumat saroyiga kirmadilar, chunki bulg‘angan odam Fisih taomini yeya olmasdi.
29 Shu sababli Pilat tashqariga, ularning oldiga chiqdi. — Bu Odamni nimada ayblayapsizlar? — deb so‘radi.
30 — Agar U jinoyatchi bo‘lmaganda, Uni sizning qo‘lingizga topshirmas edik, — deb javob berishdi ular.
31 — Uni olib ketib, o‘z qonuningiz bo‘yicha hukm qilaveringlar, — dedi Pilat. — Bizga hech kimni qatl qilishga ijozat berilmagan, — deyishdi unga yahudiylar.
32 Iso O‘zining qanday o‘lishi haqida aytgan so‘zlari amalga oshishi uchun bu voqea sodir bo‘ldi.
33 Shunda Pilat yana saroyga kirdi va Isoni chaqirtirib: — Sen yahudiylarning Shohimisan? — deb so‘radi.
34 — O‘zingiz qiziqib so‘rayapsizmi, yoki boshqalar sizga Men to‘g‘rimda aytishdimi? — deb so‘radi Iso.
35 Pilat dedi: — Nima, men yahudiymidim?! O‘z xalqing, bosh ruhoniylaring Seni menga topshirishdi. Sen nima ish qilib qo‘yding?
36 Iso javob berdi: — Mening Shohligim bu dunyodan emas. Agar Shohligim bu dunyodan bo‘lganda edi, yahudiylarning qo‘liga tushmasligim uchun Mening xizmatkorlarim kurashar edilar. Biroq Mening Shohligim bu yerdan emas.
37 — Demak, Sen Shoh ekansan–da?! — dedi Pilat. — Shoh ekanimni o‘zingiz aytdingiz, — dedi Iso. — Men haqiqat to‘g‘risida shohidlik qilmoq uchun tug‘ilganman, ana shu maqsadda olamga keldim. Haqiqat tarafida bo‘lgan har bir odam Menga quloq soladi.
38 — Haqiqat o‘zi nima? — deb so‘radi Pilat. Shunday dedi–yu, yana tashqariga, yahudiylarning oldiga chiqdi. — Men Undan hech qanday ayb topmadim, — dedi ularga.
39 — Sizlarning bir odatingiz bor–ku, sizlar uchun har Fisih bayramida bir mahbusni ozod qilar edim. Shunga ko‘ra, sizlar uchun yahudiylarning Shohini ozod qilishimni istaysizlarmi?
40 — Uni emas, Barabbani ozod qiling! — deb baqirdi ular. Barabba esa isyonda ishtirok etgandi.
Yuhanno Muqaddas xushxabar: 18 Bob
MakDonaldning Injil kitobiga o'zbek tilidagi sharhlari
VIII. XUDO O‘G‘LINING IZTIROBLARI VA O‘LIMI (18-19-boblar)
A. Yahudo Rabbiga xiyonat qiladi (18:1−11)
18:1 13−17-boblarda qayd etilgan suhbat Quddusda bo‘lib o‘tgandi. Iso shaharni tark etib, sharq tomonga, Zaytun tog‘iga yo‘l oldi. U Kedron jilg‘asini kechib o‘tib, Zaytun tog‘ining g‘arbiy yonbag‘rida joylashgan Getsemani bog‘iga kirdi.
18:2−3 Yahudo bu bog‘da Rabbining uzoq vaqt ibodat qilishini bilardi. U Rabbini topish mumkin bo‘lgan eng ishonchli joy U ibodat qiladigan joy ekanligini bilardi.
Askarlar guruhi, ehtimol, rim askarlaridan, oliy ruhoniylar va farziylarning xizmatkorlari esa yahudiy amaldorlaridan iborat edi.
Ular mash’alalar, chiroqlar va qurollar bilan kelishdi. Ular Nurni chiroqlar bilan izlab kelishdi!
18:4 Rabbimiz ularni kutib olgani chiqdi, ular Uni o‘zlari topishini kutmadi. Bu Uning xochga mixlanishga tayyorligidan dalolat berardi. Jangchilar qurollarini uyda qoldirishlari mumkin edi: Najotkor qarshilik ko‘rsatmadi. "Kimni qidiryapsizlar?" degan savol ularning maqsadini bilish uchun berildi.
18:5 Ular Iso Nosirlikni izlashardi, U ularning Yaratuvchisi va Hayot beruvchisi, ular ega bo‘lgan eng yaxshi Do‘st ekanligini tushunmasdilar. Iso: "Bu Menman", dedi. (Asl matnda "Man" so‘zi yo‘q, lekin o‘zbek tilida zarur.) U nafaqat Iso Nosirlik, balki Yahova ekanini ham nazarda tutgandi. Yuqorida aytilganidek, "MEN BORMAN" - Yahovaning nomlaridan biri. Boshqalar bilan birga turgan Yahudo yana bir bor o‘ylanib qoldimikan?
18:6 Qisqa lahzada Hazrati Iso ularga O‘zini qudratli Xudo sifatida namoyon etdi. Bu ularga shunday ta’sir qildiki, orqaga tisarilib, yerga yiqildilar.
18:7 Rabbimiz yana ulardan kimni izlayotganlarini so‘radi. Isoning ikki og‘iz so‘zi ularni larzaga solganiga qaramay, yana o‘sha javob eshitildi.
18:8−9 Iso yana bir bor U Yahova ekanligini ta’kidladi: "Men sizlarga aytdim-ku, bu Menman." Ular Uni izlashardi, shuning uchun U shogirdlarini qo‘yib yuborishlarini so‘radi. O‘z hayoti xavf ostida bo‘lgan bir paytda boshqalarga beg‘araz g‘amxo‘rlik qilayotganini ko‘rish ajoyib. Shunday qilib, Yuhannoning (17:12) so‘zlari ham amalga oshdi.
18:10 Simon Butrus kuch ishlatib, Ustozini qutqarish vaqti keldi, deb o‘yladi. Rabbimizning roziligini olmay turib, qilichini qinidan sug‘urib, oliy ruhoniy qulini urdi.
Shubhasiz, u uni o‘ldirmoqchi edi, ammo Ko‘rinmas Qo‘l qilichni shunday yo‘naltirdiki, u faqat qulog‘ini kesib tashladi.
18:11 Iso Butrusni shoshqaloq g‘ayrati uchun tanqid qildi. Azob-uqubat va o‘lim kosasi Unga Otasi tomonidan berilgan va U uni ichishi kerak edi. Luqo tabib Rabbimiz Malxning qulog‘iga tegib, uni tuzatganini yozib qoldirgan (22:51).
B. Iso hibsga olinib, bog‘landi (18:12−14)
18:12−13 Birinchi marta yovuz odamlar Isoni ushlab, bog‘lay olishdi. Anna ilgari oliy ruhoniy bo‘lgan edi. Nima uchun Isoni o‘sha paytda oliy ruhoniy bo‘lgan kuyovi Kayafaning oldiga emas, avval uning oldiga olib kelishgani noma’lum. Muhimi shundaki, avvaliga Iso Xudoga shak keltirib, kufrlik qilganini isbotlamoqchi bo‘lgan yahudiylar sudi oldida hozir bo‘ldi. Buni diniy e’tiqod bo‘yicha sud deb atash mumkin. So‘ng u Rim hokimiyati tomonidan so‘roq qilindi. Bu yerda Uni qaysarning dushmani ekanligini isbotlashga urinishdi.
Bu fuqarolik sudi edi. Yahudiylar Rim hukmronligi ostida bo‘lganlari uchun Rim sudiga murojaat qilishlari kerak edi. Ular, masalan, o‘lim hukmini ijro eta olmas edilar. Pilat uni tasdiqlashi lozim edi.
18:14 Yuhanno oliy ruhoniy xalq uchun bir kishining o‘limi yaxshiroq bo‘lishini bashorat qilgan o‘sha Kayafa ekanligini tushuntirdi (Yuhanno 11:50 ga qarang). Endi u bu bashoratni amalga oshirishda ishtirok etayotgan edi.
Jeyms Styuart shunday yozadi:
"U milliy ruhning posboni bo‘lgan inson edi. U oliy talqinchi va Haq taoloning vakili sifatida saylangandi. Unga yilda bir marta Eng muqaddas joyga kirishdek alohida imtiyoz berilgandi. Shunga qaramay, u Xudoning O‘g‘lini mahkum etgan odam edi. Tarix bizga dunyodagi eng yuqori diniy mavqe va eng istiqbolli hayot imkoniyatlari insonning najot topishini kafolatlamasligi va uning qalbini yuksaltirmasligi haqida bundan-da hayratlanarli dalillarni qoldirmagan. "Shunda men ishonch hosil qildimki, - deydi Jon Banyan o‘z kitobini yakunlar ekan, - do‘zaxga olib boradigan yo‘l bor ekan... Jannat darvozalaridan ham."" (Stewart, Life and Teaching, 157-bet.)
D. Pyotr o‘z Rabbisidan voz kechadi (18:15−18)
18:15 Ko‘pchilik ilohiyotshunoslar bu yerda tilga olingan boshqa shogird Yuhanno bo‘lgan, deb hisoblaydilar, ammo u kamtarlik tufayli, ayniqsa Butrusning sharmandali voz kechishi oldida, o‘z ismini aytmagan.
Yuhannoning oliy ruhoniyga qanday tanish bo‘lib qolgani va oliy ruhoniyning ichki hovlisiga kirishga qanday erishgani bizga aytilmaydi.
18:16−17 Yuhanno chiqib, darvozabondan uni ichkariga kiritishni so‘ramaguncha, Butrus kira olmadi. Orqaga nazar tashlab, o‘zimizga shunday savol beramiz: Yuhannoning o‘z ta’siridan shu tarzda foydalangani to‘g‘rimi edi? Muhimi shundaki, Butrus birinchi marta Rabbidan kuchli va qo‘rqinchli ko‘rinishli askar oldida emas, balki oddiy xizmatkor ayol oldida voz kechdi. U Isoning shogirdi ekanligini inkor etdi.
18:18 Butrus Rabbimizning dushmanlari orasiga kirib, o‘zini tanitmaslikka harakat qildi. Boshqa ko‘plab shogirdlar singari u ham bu dunyo olovida isinib turardi.
E. Iso oliy ruhoniy oldida (18:19−24)
18:19 Bu oliy ruhoniyning kim ekanligi aniq emas: Anna yoki Kayafa. Agar bu Anna bo‘lsa, ehtimol, u hurmat yuzasidan oliy ruhoniy deb atalgan, chunki ilgari shu lavozimda bo‘lgan. Oliy ruhoniy Isodan shogirdlari va Uning ta’limoti haqida so‘radi, go‘yo ular Tavrot va Rim hukumatiga tahdid solayotgandek.
Ko‘rinib turibdiki, bu odamlar Rabbimizga qarshi hech qanday jiddiy ayblovga ega emas edilar, shuning uchun uni topishga urindilar.
18:20 Iso unga xizmati doimo ochiq-oydin bo‘lganini aytdi. Uning yashiradigan hech narsasi yo‘q edi. U yahudiylarga ibodatxona va ma’badda ta’lim berardi. O‘z ta’limotidan hech qanday sir tutmasdi.
18:21 Bu bir chaqiriq edi: Iso Uni tinglagan yahudiylardan birortasini keltirish taklifini berdi. Uni biror narsada ayblashsin. Agar U noto‘g‘ri ish qilgan yoki noto‘g‘ri gapirgan bo‘lsa, buni guvohlar aytsin.
18:22 Bu chaqiriq yahudiylarning g‘ashiga tegdi. Ayblovni eshitish imkoniyati qolmagandi. Shunda ular haqoratga o‘tishdi. Xizmatkorlardan biri Isoning yuziga shapaloq urdi, chunki Iso oliy ruhoniyga noto‘g‘ri javob bergan emish.
18:23 To‘liq xotirjamlik va shubhasiz mantiq bilan Xaloskor ularning xatti-harakatining adolatsizligini ko‘rsatdi. Uni yomon gapirganlikda ayblay olmadilar; Uni haqiqatni aytgani uchun urdilar.
18:24 Oldingi oyatlar Anna oldidagi so‘roqni tasvirlagan edi. Yuhanno Kayafaning 18:24 va 18:28-oyatlar oralig‘ida bo‘lgan sudini tasvirlab bermagan.
E. Butrusning ikkinchi va uchinchi marta voz kechishi (18:25−27)
18:25 Hikoya yana Simon Butrusga qaytadi. Ertalabki sovuq paytda u gulxan yonida isinardi. Shubhasiz, uning kiyinishi va talaffuzi galileylik baliqchi ekanligini ko‘rsatib turardi. Uning yonida turgan kishi undan Isoning shogirdi ekanligini so‘radi. Lekin u yana Rabbidan voz kechdi.
18:26 Keyin Butrus bilan Malhaning qarindoshi gaplashdi. U Butrusning qarindoshining qulog‘ini kesib olganini ko‘rgan edi: "Seni bog‘da U bilan birga ko‘rmaganmidim?" - dedi.
18:27 Butrus uchinchi marta Rabbidan voz kechdi. Shu zahoti xo‘rozning qichqirig‘i eshitildi. Bu xo‘rozning qichqirig‘i Rabbimizning: "Mendan uch marta voz kechmaguningcha xo‘roz qichqirmaydi," degan so‘zlarini eslatdi. Boshqa Injillardan bilamizki, shu payt Butrus achchiq-achchiq yig‘lab chiqib ketdi.
F. Iso Pilat oldida (18:28−40)
18:28 Diniy sud tugadi, fuqarolik sudi boshlandi. Voqealar sud zalida yoki prokurator saroyida bo‘lib o‘tdi. Yahudiylar majusiyning saroyiga kirishni istamadilar. Ular yahudiylarning Fisih bayramini nishonlashdan oldin harom bo‘lib qolishdan qo‘rqishardi. Xudoning O‘g‘lining o‘limini rejalashtirayotganlari ularni tashvishlantirmayotganga o‘xshardi. Majusiyning uyiga kirish ularga fojia bo‘lib tuyuldi, qotillik esa arzimagan narsa edi. Avgustin ta’kidlaydi:
"Ey, betavfiq ko‘rlik! Albatta, ular birovning uyida bo‘lishdan harom bo‘lurlar-u, o‘z qo‘llari bilan qilgan jinoyatdan harom bo‘lmaslar. Ular chet ellik sudyaning huzurida harom bo‘lishdan qo‘rqardilar-u, lekin begunoh birodarining qoni bilan harom bo‘lishdan qo‘rqmasdilar." (Avgustin, Rayl tomonidan keltirilgan, Yuhanno, III:248).
Hall shunday sharh beradi:
"Holingizga voy, ruhoniylar, ulamolar, oqsoqollar, munofiqlar! O‘z qalblaringizdan ham iflosroq narsa bormi? Pilatning devorlari emas, balki o‘z yuraklaringiz nopokdir. Qotillikni rejalashtirgan holda, majusiyning uyidagi ifloslikdan qo‘rqasizlarmi? Xudo sizni yanchib tashlaydi, ey oqlangan devorlar! Xudoning Qoniga bulg‘anishni xohlab, Pilatning mozaikali poliga tegishdan qo‘rqasizlarmi? Tomog‘ingizga chivin tiqilib qolgan-u, dahshatli g‘azab tuyasini yutib yuborasizlar? Quddusdan chiqib ketinglar, ey soxta dindorlar, chunki sizlar ifloslangansizlar! Pilatning devorlarini bunday dahshatli adolatsizlik maxluqlari huzuri bulg‘ayotganidan qo‘rqishga ko‘proq asosi bor." (Bishop Hall, o‘sha joyda)
Pul ta’kidlaydi: "Marosimlarni bajarishda haddan tashqari mutaassib, ammo axloqqa mutlaqo e’tiborsiz odamlardan ko‘ra oddiyroq narsa yo‘q." (Poole, o‘sha joyda)
"...lekin pasxani yeyish mumkin bo‘lsin uchun" iborasi, ehtimol, yahudiylar pasxasidan keyingi bayramni nazarda tutgan. Yahudiylarning pasxasi o‘tgan kechasi nishonlangan edi.
18:29 Rim noizi Pilat yahudiylarning diniy e’tiqodlariga yon berib, ular turgan joyga chiqdi. U mahbusni nimada ayblashlarini so‘rab, sudni boshladi.
18:30 Ularning javobi qo‘pol va beodob edi. Ular Isoni so‘roq qilib, aybdor deb topganlarini aytishdi. Ular faqat Pilatning hukmni e’lon qilishini istashardi.
18:31 Pilat javobgarlikdan qochishga urinib, yahudiylarga o‘zlari qaror qabul qilishni taklif etdi. Agar ular Isoni so‘roq qilib, aybdor deb topgan bo‘lsalar, nima uchun o‘z qonunlari bo‘yicha hukm qilmasliklarini so‘radi. Yahudiylarning javobi juda muhim edi. Ular: "Biz qaram xalqmiz. Rim hokimiyatiga bo‘ysunamiz. Fuqarolik huquqlarimizdan mahrum etilganmiz va endi birovni o‘limga mahkum qilish huquqiga ega emasmiz," deb javob berishdi. Ularning so‘zlari majusiylar hokimiyatiga qaramligi va tobeligidan dalolat berardi. Bundan tashqari, ular Masihning o‘limi uchun javobgarlikni Pilatga yuklamoqchi edilar.
18:32 32-oyat ikki xil ma’noga ega bo‘lishi mumkin: 1) Matto 20:19 da Iso O‘zini o‘limga hukm qilish uchun majusiylar oldiga olib kelinishini bashorat qilgan; yahudiylar Unga shunday munosabatda bo‘lishdi; 2) ko‘p o‘rinlarda Rabbimiz "yuqoriga ko‘tariladi" degan (Yuhanno 3:14; 8:28; 12:32, 34), bu xochga mixlanish orqali o‘limni nazarda tutardi. Oliy jazo chorasini ijro etish uchun yahudiylar toshbo‘ron qilishgan, xochga mixlash esa rimliklar odati edi. Shunday qilib, yahudiylar o‘lim jazosini ijro etishdan bosh tortib, Masih haqidagi bu ikki bashoratni bilmagan holda amalga oshirdilar (shuningdek, Zabur 21:17 ga qarang).
18:33 Endi Pilat Isoni pretoriyaga yolg‘iz suhbatlashish uchun taklif qilib, Undan to‘g‘ridan-to‘g‘ri so‘radi: "Sen Yahudiylarning podshohimisan?"
18:34 Iso unga shunday javob berdi: "Noib sifatida, sen Mening Rim hokimiyatini ag‘darishga uringanimni hech eshitganmisan? Senga Men o‘zimni Qaysar saltanatini ag‘darib tashlaydigan Shoh deb e’lon qilganimni aytishdimi? Sen o‘zingga ma’lum bo‘lgan faktlarga yoki yahudiylardan eshitgan gaplarga asoslanib, menga ayb qo‘yyapsanmi?"
18:35 Pilatning savolida ochiq nafrat sezilardi: "Men yahudiymanmi?" U mahalliy yahudiylar muammosiga e’tibor berish uchun juda yuqori martabali ekanligini nazarda tutgan edi.
Biroq, o‘z javobi bilan u Isoga qarshi hech qanday asosli ayblovi yo‘qligini ham tan oldi. U faqat yahudiy rahbarlarining aytganlarini bilardi, xolos.
18:36 Shunda Rabbimiz O‘zining Podshoh ekanligini tan oldi. Lekin U yahudiylar aytgandek Shoh emas edi. Rimga tahdid soluvchi ham emas edi. Masihning Shohligi inson quroli bilan zabt etilmaydi. Aks holda, shogirdlari Uni yahudiylar qo‘lga olmasligi uchun kurashgan bo‘lardi. Masihning Shohligi bu yerdan emas, ya’ni bu dunyodan emas. U dunyodan vakolat olmaydi; Uning maqsad va intilishlari nafsga oid emas.
18:37 Pilat: "Demak, sen shohmisan?" deb so‘raganida, Iso: "Sen aytganingdek, Men Shohman," deb javob berdi. Ammo Uning Shohligi qilich va qalqonlar bilan emas, haqiqat bilan shug‘ullanadi. U dunyoga haqiqat to‘g‘risida guvohlik berish uchun kelgan. "Haqiqat" bu yerda Xudo, Masihning o‘zi, Muqaddas Ruh, inson, gunoh, najot va xristianlikning barcha asosiy ta’limotlari haqidagi haqiqatni anglatadi. Haqiqatdan bo‘lgan har bir kishi Isoning ovoziga quloq soladi va Uning saltanati shunday kengayadi.
18:38 Pilat Unga: "Haqiqat nima?" deganida nimani nazarda tutganini aytish qiyin. Bu savolda nima aks etgan: qiziqishmi, hayronlikmi yoki kinoyami? Biz faqat shuni bilamizki, uning qarshisida mujassamlashgan Haqiqat turardi, u esa Uni tan olmadi. Pilat yana yahudiylar oldiga chiqib, Isodan hech qanday ayb topmaganini aytdi.
18:39 Yahudiylarning pasxa bayramida rimliklar qamoqxonasidagi yahudiy mahbuslardan birini ozod qilish odati bor edi. Pilat yahudiylarga yoqish va ayni paytda Isoni ozod qilish uchun bu an’anadan foydalanmoqchi bo‘ldi.
18:40 Ammo reja barbod bo‘ldi. Yahudiylar Isoni ozod qilishni xohlamadilar. Ular Barabbani tanladilar. Varavva esa qaroqchi edi. Insonning yovuz qalbi Yaratuvchidan ko‘ra jinoyatchini afzal ko‘rdi.