1 Iso yana ko‘l bo‘yida ta’lim berdi. Uning atrofida shu qadar ko‘p olomon to‘plandiki, U ko‘ldagi qayiqqa tushib, o‘tirishga majbur bo‘ldi. Olomon esa ko‘l qirg‘og‘ida turardi.
2 Iso masal orqali xalqqa ta’lim berib, shunday dedi:
3 — Quloq solinglar! Urug‘ sepuvchi urug‘ sepgani chiqibdi.
4 Urug‘ sepayotganda ba’zi urug‘lar so‘qmoq yo‘l ustiga tushibdi. Qushlar uchib kelib, urug‘larni cho‘qib ketibdi.
5 Ba’zi urug‘lar tuprog‘i kam toshloqqa tushibdi. Tuproq chuqur bo‘lmagani uchun, urug‘lar tez ko‘karib chiqibdi.
6 Biroq quyosh chiqqach, qovjirab, ildizi bo‘lmagani uchun so‘lib qolibdi.
7 Boshqa urug‘lar tikanlar orasiga tushibdi. Tikanlar o‘sib, urug‘larni bo‘g‘ib qo‘yibdi, urug‘lar hosil bermabdi.
8 Yana boshqa urug‘lar esa yaxshi tuproqqa tushibdi va unib–o‘sib, o‘ttiz, oltmish, hattoki yuz barobar ko‘p hosil beribdi.”
9 Keyin Iso yana dedi: “Kimning eshitar qulog‘i bo‘lsa, eshitsin!”
10 Iso o‘n ikki shogirdi va boshqa ba’zi odamlar bilan yolg‘iz qolganda, ular Isodan boyagi masalni tushuntirib berishini so‘radilar.
11 Iso ularga dedi: “Xudo Shohligining siri sizlarga berilgan. Tashqaridagilarga esa hamma narsa masallar orqali anglatiladi.
12 Zotan: ‘Ular ko‘rib turib, anglamaslar, Tinglab turib, tushunmaslar. Aks holda Xudoga qaytgan bo‘lardilar, Gunohlaridan forig‘ bo‘lgan bo‘lardilar.’”
13 Iso ularga dedi: “Agar bu masalni tushunmagan bo‘lsangiz, boshqa masallarni qanday tushunasiz?!
14 Urug‘ sepuvchining sepgani — Xudoning kalomidir.
15 Ba’zi odamlar so‘qmoq yo‘l ustiga tushgan urug‘larga o‘xshaydilar. Ular kalomni eshitadilar, ammo o‘sha zahoti shayton kelib, ularning ichiga ekilgan kalomni olib ketadi.
16 Boshqa odamlar toshloq yerga tushgan urug‘larga o‘xshaydilar. Ular kalomni eshitganda, uni darrov sevinch bilan qabul qiladilar.
17 Lekin ularning ildizi bo‘lmagani uchun uzoqqa chidamaydilar. Kalom tufayli qayg‘u yoki quvg‘inga duchor bo‘lishsa, darrov chekinadilar.
18 Boshqa birlari tikanlar orasiga tushgan urug‘larga o‘xshaydilar. Ular Xudoning kalomini eshitadilar,
19 lekin dunyoning tashvishlari, boylikka o‘chlik va boshqa havaslar ularning yuraklariga kirib, kalomni bo‘g‘ib qo‘yadi, kalom esa samarasiz qoladi.
20 Boshqa birlari esa yaxshi tuproqqa tushgan urug‘larga o‘xshaydilar. Ular kalomni eshitib, qabul qiladilar va o‘ttiz, oltmish, hatto yuz barobar hosil beradilar.”
21 Iso ularga yana dedi: “Chiroqni olib kelib, idishning yoki so‘rining tagiga qo‘yadimi?! Aksincha, chiroqpoyaga qo‘yadi.
22 Shu singari, yashirin har qanday narsa oshkora bo‘ladi, sirli bo‘lgan har qanday narsa ochiladi.
23 Kimning eshitar qulog‘i bo‘lsa, eshitsin!”
24 Keyin ularga yana dedi: “Eshitayotganlaringizni qulog‘ingizga quyib oling! Siz qanday o‘lchov bilan o‘lchasangiz, xuddi shunday o‘lchov bilan sizga ham o‘lchab beriladi. Sizga yana qo‘shib beriladi.
25 Kimda bor bo‘lsa, unga yana beriladi. Kimda yo‘q bo‘lsa, bori ham undan tortib olinadi.”
26 Iso yana shunday dedi: “Xudoning Shohligini shunga qiyoslasa bo‘ladi: dehqon dalasiga urug‘ ekadi.
27 Kechasi bo‘ldimi, uxlaydi, kunduzi bo‘ldimi, turadi. Ammo urug‘ qanday unib chiqib, o‘sishini u bilmaydi.
28 Yer o‘z–o‘zidan avval poyani, so‘ngra boshoqni, undan keyin boshoqdagi to‘liq donni yetishtiradi.
29 Hosil pishgach, yig‘im– terim vaqti keldi, deb o‘sha odam darhol o‘roqni ishga soladi.”
30 Iso yana dedi: “Xudoning Shohligini yana nimaga o‘xshatsak bo‘ladi?! Uni qanday masal bilan ifodalasak bo‘ladi?!
31 Xudoning Shohligi xantal doniga o‘xshaydi: u yerga sepiladigan urug‘larning eng maydasidir.
32 Lekin sepilgandan keyin ko‘karadi va barcha ko‘katlardan baland bo‘lib o‘sadi. Katta shoxlar chiqaradi, osmondagi qushlar ham uning panohida uya quradi.”
33 Shunday qilib, Iso xalqning eshitish imkoniyatiga qarab, bu singari ko‘pgina masallar orqali Xudoning so‘zini o‘rgatardi.
34 Masalsiz ularga gapirmas edi. Shogirdlari bilan yolg‘iz qolganda esa, ularga hammasini tushuntirar edi.
35 O‘sha kuni kechqurun Iso shogirdlariga: — Ko‘lning narigi tomoniga o‘taylik, — dedi.
36 Ular olomonni qoldirib, Isoni o‘tirgan qayig‘ida olib ketdilar. Isoning ketidan boshqa qayiqlar ham suzib ketdi.
37 Shu orada ko‘lda kuchli bo‘ron ko‘tarildi. To‘lqinlar qayiqni tebratib yubordi, qayiq suvga to‘la boshladi.
38 Iso esa qayiqning quyruq tomonida yostiqqa bosh qo‘yib, uxlab yotgan edi. Shogirdlar Isoni uyg‘otib: — Ustoz! Halok bo‘lyapmiz! Nahotki Sizga bari bir bo‘lsa?! — deyishdi.
39 Shunda Iso turib, shamolga: “Jim bo‘l!”, ko‘lga: “Bas qil!” deb buyurdi. Shu onda shamol tindi, chuqur sukunat bo‘ldi.
40 Iso shogirdlariga: — Nega qo‘rqasizlar? Nega haligacha ishonchingiz yo‘q? — dedi.
41 Ular esa vahimaga tushib, bir–biriga shunday deyishdi: — Bu Kim bo‘ldi ekan–a? Shamol ham, ko‘l ham Unga bo‘ysunadi–ya!
Mark Muqaddas xushxabar: 4 Bob
MakDonaldning Injil kitobiga o'zbek tilidagi sharhlari
E. Urug‘ sepuvchi haqidagi masal (4:1−20)
4:1−2 Iso yana dengiz bo‘yida ta’lim berishni boshladi. Odamlar ko‘pligidan U yana minbar o‘rniga qayiqdan foydalanishga majbur bo‘lib, qirg‘oqdan biroz uzoqlashdi. U yana tabiat olamidan foydalanib, ularga O‘zi haqida ma’naviy saboqlar berdi. U tabiat saltanatida ma’naviy haqiqatlarni ko‘ra olardi. Hammamiz shunday ko‘rish qobiliyatiga ega bo‘lishimiz kerak.
4:3−4 Bu masal urug‘ sepuvchi, don va tuproq haqida hikoya qiladi. Yo‘lning tuprog‘i juda qattiq bo‘lgani uchun don unib chiqolmasdi. Qushlar uchib kelib, uni cho‘qib ketishdi.
4:5−6 Toshloq joyda qattiq asosni qoplagan yupqa tuproq qatlami bor edi. Tuproq qatlamining yupqaligi donning chuqur ildiz otishiga imkon bermadi.
4:7 Tikanzorlar donni ozuqadan va quyosh nuridan mahrum qilib, urug‘ni bo‘g‘ib qo‘ydi.
4:8−9 Yaxshi yer chuqur haydalgan va urug‘ uchun qulay sharoitga ega edi. Ba’zi urug‘lar o‘ttiz, ba’zilari oltmish, ba’zilari esa yuz barobar hosil berdi.
4:10−12 Shogirdlar Iso bilan yolg‘iz qolgach, Undan nima uchun masallar bilan gapirganini so‘rashdi. U faqat sezgir qalb egalarigina Xudoning Shohligi sirlaridan xabardor bo‘lishlari mumkinligini tushuntirdi. Yangi Ahdda sir - bu vaqtgacha noma’lum bo‘lgan, faqat maxsus vahiy orqali bilib olinadigan haqiqatdir. Xudoning Shohligi siri quyidagicha:
1. Rabbimiz Iso Masih O‘zini Isroilning Podshohi sifatida taklif qilganida rad etildi.
2. Shohlik dunyoda tom ma’noda o‘rnatilishidan oldin, oraliq vaqt o‘tishi kerak.
3. Bu oraliq davrda u ruhiy ko‘rinishda bo‘ladi. Masihni Shoh deb tan olganlarning barchasi Shohning O‘zi yo‘qligida ham Shohlikda bo‘ladilar.
4. Oraliq davrda Xudoning Kalomi turlicha natija bilan ekiladi. Ba’zi odamlar chindan ham imonga keladi, boshqalari esa nomigagina imonli bo‘ladi.
O‘zlarini masihiy deb atayotganlarning barchasi Xudo Shohligining tashqi doirasida bo‘ladilar va faqat haqiqiy imonlilargina Xudo Shohligining ichki doirasiga kiradilar.
11 va 12-oyatlar bu haqiqat nima uchun masallarda bayon etilganini tushuntiradi. Xudo qalbi ochiq, sezgir va itoatkor bo‘lganlarga O‘z oilaviy sirlarini oshkor qiladi va O‘ziga berilgan nasihatni rad etganlardan haqiqatni qasddan yashiradi. Bular Iso tashqaridagilar deb atagan odamlardir. 12-oyatdagi so‘zlar tasodifiy o‘quvchiga qo‘pol va adolatsiz bo‘lib tuyulishi mumkin: "Ular ko‘zlari bilan qaraydilar-u, ko‘rmaydilar; quloqlari bilan eshitadilar-u, tushunmaydilar; aks holda ular tavba qilib, gunohlaridan kechirilar edilar".
Biroq, bu insonlar ulkan imtiyozga ega bo‘lganini yodda tutishimiz lozim. Xudoning O‘g‘li ular orasida turib ta’lim berar va ular oldida buyuk mo‘jizalar ko‘rsatardi. Uni haqiqiy Masih sifatida tan olish o‘rniga, ular hozir ham Uni rad etishdi. Ular dunyo nurini rad etganlari uchun, Uning ta’limoti nuridan mahrum bo‘ladilar. Shunda ular Uning mo‘jizalarini ko‘rib, ma’naviy ma’nosini tushunishmagan; so‘zlarini eshitishgan-u, undagi chuqur saboqlarni qadrlashmagan.
Injilni oxirgi marta eshitish imkoniyati degan narsa bor.
Gunohkor inoyat kunini o‘tkazib yuborishi mumkin. Odamlar oqim bo‘ylab najot nuqtasidan o‘tib ketishadi. Xaloskorni rad etgan erkaklar va ayollar borki, ularga hech qachon tavba qilish va kechirim olish imkoniyati berilmaydi. Ular Injil xabarini eshitishlari mumkin, lekin u tosh quloq va hissiz qalblarga yetib boradi. Biz "Hayot bor ekan, umid bor" deymiz. Biroq, Muqaddas Kitobda tirik bo‘lsa-da, tavba qilish umidi yo‘q odamlar haqida so‘z boradi (Ibr 4:4−6).
4:13 Yana urug‘ sepuvchi haqidagi masalga qaytib, Iso Masih shogirdlaridan, agar ular bu oddiy masalni tushunmasalar, barcha masallarni qanday tushunishlari mumkinligini so‘radi.
4:14 Xaloskor urug‘ sepuvchi kim ekanligini aytmadi. Bu Uning O‘zi yoki Uning vakillari sifatida va’z qilayotganlar bo‘lishi mumkin. U urug‘ Kalom ekanligini aytdi.
4:15−20 Turli xil tuproqlar odamlarning qalblarini va ular So‘zni qanday qabul qilishlarini quyidagi tartibda ifodalaydi:
Yo‘ldagi yer (15-oyat). Bu qattiq qalbdir. O‘jarlik, beparvolik va qat’iyat bilan bunday odam Xaloskorga "yo‘q" deydi. Qushlar qiyofasidagi shayton So‘zni olib ketadi. Gunohkorga va’z ta’sir qilmaydi va uni harakatga keltirmaydi. Demak, u So‘zga nisbatan befarq va hissiz bo‘ladi.
Toshloq joy (16−17-oyatlar). Bunday odam So‘zni yuzaki qabul qiladi. Ehtimol, u jo‘shqin xushxabar da’vatiga berilib ketib, Masihga ishonishini aytgandir. Lekin bu uning aqliy roziligi, xolos. Unda Masihga haqiqiy bag‘ishlanish yo‘q. Inson So‘zni quvonch bilan qabul qiladi; uni chuqur tavba va pushaymonlik bilan qabul qilgani ma’qul edi. Bir muddat uning ishlari yaxshi ketayotganga o‘xshaydi. Ammo keyinchalik, o‘z e’tiqodi tufayli qayg‘u yoki ta’qib boshlanganda, u narx juda baland deb o‘ylab, hamma narsani unutib yuboradi. U masihiylik mashhur bo‘lgandagina o‘zining masihiyligini da’vo qiladi, ammo ta’qiblar uning soxtaligini fosh etadi.
Tikanlar (18-19-oyatlar). Ular ham umidli boshlanishga ega bo‘lgan odamlardir. Barcha tashqi belgilariga ko‘ra, ular haqiqiy imonlilarga o‘xshaydi. Ammo keyin ular biznes haqida qayg‘ura boshlaydilar, dunyoviy tashvishlarga g‘arq bo‘ladilar, ularni boyish istagi qamrab oladi. Ular ma’naviy masalalarga qiziqishni yo‘qotadilar va oxir-oqibat o‘zlarini masihiy deb atashni to‘xtatishadi.
Yaxshi yer (20-modda). Bu yerda biz Kalomni qanday bo‘lmasin so‘zsiz qabul qilishni ko‘ramiz. Bu haqiqatan ham qayta tug‘ilgan odamlardir. Ular Masih Shohning sodiq fuqarolaridir. Na dunyo, na tana, na shayton ularning Unga bo‘lgan ishonchini susaytira oladi.
"Yaxshi yer" deb atalgan tinglovchilar orasida ham turli darajadagi hosildorlik mavjud. Ba’zilari o‘ttiz, ba’zilari oltmish, boshqalari yuz barobar hosil beradi. Xo‘sh, hosildorlik darajasini nima belgilaydi? Eng sermahsul hayot Kalomga darhol, shubhasiz va quvonch bilan itoat qiladigan kishilarda bo‘ladi.
F. Eshitganlarning mas’uliyati (4:21−25)
4:21 Bu yerda sham Rabbimiz O‘z shogirdlariga aytgan haqiqatlarni ifodalaydi. Bu haqiqatlarni idish tagiga yoki to‘shak ostiga emas, balki odamlar ko‘rishi uchun ochiq joyga qo‘yish kerak.
Idish, agar imkon berilsa, Rabbimiz ishiga bag‘ishlanishi kerak bo‘lgan vaqtni olib qo‘yadigan tijoratning ramzi bo‘lishi mumkin. To‘shak esa Xushxabar dushmanlari bo‘lmish rohattalablik yoki dangasalikni ifodalashi mumkin.
4:22 Iso xalqqa masallar orqali so‘zlardi. Haqiqatning chuqurligi ulardan yashirin edi. Biroq Ilohiy maqsad shundan iborat ediki, shogirdlar bu yashirin haqiqatlarni chanqoq qalblarga tushuntirishlari kerak edi. 22-oyat, shuningdek, shogirdlar tijorat yoki shaxsiy istaklarni Najotkor haqidagi shahodatdan ustun qo‘yish mumkin bo‘lgan kun haqida doimo eslatib turishlari kerakligini ham anglatishi mumkin.
4:23 Bu so‘zlarning jiddiyligi Isoning: "Kimning eshitadigan qulog‘i bo‘lsa, eshitsin!" degan da’vatidan ko‘rinib turibdi.
4:24 So‘ng Najotkor yana bir jiddiy ogohlantirishni qo‘shdi: "Eshitayotganlaringizga e’tibor bering." Agar men Xudoning Kalomidan amr eshitsam-u, uni bajarmasam, uni boshqalarga ham yetkaza olmayman. Ta’limot faqat odamlar uning haqiqatligini voizning hayotida ko‘rgandagina kuch va ko‘lam kasb etadi.
Boshqalarga imon shahodatini qanday o‘lchov bilan bersak, o‘zimizga katta foyda bilan qaytadi. Odatda, o‘qituvchi darsga tayyorlanayotganda o‘quvchilaridan ko‘ra ko‘proq narsani o‘rganadi. Kelajakdagi mukofotimiz esa arzimas xarajatlarimizdan ko‘p bo‘ladi.
4:25 Har safar yangi haqiqatni kashf etib, uni hayotimizda voqelikka aylantirishga yo‘l qo‘yganimizda, shubhasiz, haqiqatni bilishda yanada ko‘proq imkoniyatga ega bo‘lamiz. Boshqa tomondan, haqiqatni hayotga tatbiq etmasak, ilgari qo‘lga kiritilgan narsalarni ham yo‘qotamiz.
G. O‘sayotgan urug‘ haqidagi masal (4:26−29)
Bu masal faqat Markda uchraydi. Uning kamida ikkita talqini bor. Inson, ehtimol, jamoat xizmati davomida yerga urug‘ sochib, so‘ng osmonga qaytgan Rabbimiz Iso Masihning timsoli bo‘lishi mumkin. Urug‘ unib chiqa boshlaydi - yashirincha, sezdirmay, ammo yengib bo‘lmas tarzda. Kichik boshlanishdan u haqiqiy imonlilar hosiliga qadar rivojlanadi.
Meva yetilgach, hosil samoviy omborlarga olinadi. Ehtimol, masal shogirdlarga dalda ham bergan bo‘lishi mumkin. Ularning vazifasi urug‘ sochmoq. Ular kechasi ham, kunduzi ham uxlab-uyg‘onaveradilar, chunki Xudoning Kalomi ularga behuda qaytmasligini, balki nima uchun yuborilgan bo‘lsa, o‘shani amalga oshirishini biladilar. Inson kuchi va mahoratiga mutlaqo bog‘liq bo‘lmagan sirli va mo‘jizaviy jarayon orqali Kalom inson qalbida ishlab, Xudo uchun meva keltiradi. Inson ekadi va sug‘oradi. Lekin Xudo o‘stiradi. Ammo bunday talqinda 29-oyatni tushuntirish qiyin. O‘rim-yig‘im vaqtida o‘roqni faqat Xudo yuborishi mumkin. Biroq masalda aytilishicha, urug‘ sepgan odam pishgan hosilga o‘roq yuboradi.
H. Xantal urug‘i haqidagi masal (4:30−34)
4:30−32 Bu masal dastlab xantal urug‘iga o‘xshagan, keyinchalik esa soyasida qushlar yashirinib oladigan daraxt yoki buta kattaligiga yetgan Shohlikning o‘sishini tasvirlaydi. Shohlik quvg‘inga uchragan ozchilikdan boshlandi. Keyinchalik ommalashib, hukumat tomonidan davlat dini maqomiga ko‘tarildi. Bu o‘sish ko‘rsatkichli edi, ammo nosog‘lom edi, uning aksariyatini Shohga og‘zaki xizmat qilgan, ammo chin dildan imon keltirmagan odamlar tashkil etardi.
Vens Xavner aytganidek:
"Cherkov jarohatlar bilan qoplangan paytda oldinga intilardi. U medallar taqib olgach, kuchini yo‘qotdi. Cherkov uchun mavsumiy chiptalar sotib olib, faxriy minbarlarda o‘tirgandan ko‘ra, uni sherlarga yem qilib tashlagan kun ulug‘vorroq edi." (J. Oswald Sandersning "Ma’naviy yetuklik" kitobida keltirilgan, 110-bet.)
Xantal butasi, demak, soxta ustozlar panoh topgan so‘zdagi xristianlikni tasvirlaydi. Bu Shohlikning hozirgi mavjudligidagi tashqi ko‘rinishidir.
4:33−34 Bu oyatlar ta’limotning muhim tamoyiliga kirish hisoblanadi. Iso odamlarga ular qabul qila oladigan darajada ta’lim berardi. U ularning avvalgi bilimlariga tayanib, bir saboqni o‘zlashtirishga vaqt berib, keyingisini o‘rgatardi. O‘z tinglovchilarining qobiliyatlarini hisobga olgan holda, U ularni sig‘dira olmaydigan darajada ko‘rsatmalar bilan to‘yintirmasdi (shuningdek, Yuhanno 16:12; 1 Korinfliklar 3:2; Ibroniylar 5:12 ga qarang). Ba’zi voizlarning usuli Iso: "Qo‘ylarimni boqinglar" emas, balki "Jirafalarimni boqinglar" degan, degan fikrga olib kelishi mumkin!
Garchi Uning ta’limoti hamma uchun masal shaklida bo‘lsa-da, U shogirdlariga aytganlarini yolg‘iz qolganda tushuntirardi. U chin dildan istaganlarning hammasiga nur beradi.
I. Shamol va dengiz Xizmatkorga bo‘ysunadi (4:35−41)
4:35−37 O‘sha kuni kechqurun Iso va shogirdlari Jalila dengizi orqali sharqiy qirg‘oqqa yo‘l olishdi. Ular hech qanday tayyorgarlik ko‘rishmadi. Ularning ortidan boshqa qayiqlar ham ergashdi. To‘satdan kuchli bo‘ron ko‘tarildi. Ulkan to‘lqinlar qayiqni g‘arq qilish xavfini tug‘dirdi.
4:38−41 Iso qayiqning quyrug‘ida uxlab yotardi. Vahimaga tushgan shogirdlar Uni uyg‘otib, xavfsizliklari haqida qayg‘urmagani uchun ta’na qilishdi. U o‘rnidan turib, shamol va to‘lqinlarga tanbeh berdi. Shu zahoti atrofni chuqur sukunat qopladi. Shundan so‘ng, Iso shogirdlariga qo‘rqoqliklari va imonsizliklari uchun qisqa tanbeh berdi. Ular bu mo‘jizadan hayratda qolishdi. Garchi Isoning kimligini bilishsa-da, tabiat kuchlari bo‘ysunadigan Zotning qudratidan yana dahshatga tushdilar.
Bu voqea Rabbimiz Iso Masihning insoniy va Ilohiy tabiatini namoyon etadi. U qayiqning quyrug‘ida uxlashi - Uning insoniy tabiati. U amr berishi bilan dengizning tinchlanishi esa - Uning ilohiyligidir.
Bu yerda Uning tabiat ustidan hukmronligi ko‘rinadi, oldingi mo‘jizalarda esa biz Uning kasalliklar va jinlar ustidan hokimiyatini ko‘rgan edik.
Va nihoyat, bu voqea bizni hayotning barcha bo‘ronlarida Iso Masihga yuzlanishga undaydi, chunki U qayiqda bo‘lganida, qayiq hech qachon cho‘kmaydi.
Ey Rabbim, Sen qayiqning quyrug‘ida uxlagan Zotsan,
Ey Rabbim, Sen g‘azablangan dengizni tinchitgan Zotsan,
Shamolning kuchayishi va baland to‘lqinlardan bizga ne qo‘rquv:
Axir biz Sen bilan qayiqdamiz-ku.
(Emi Karmaykl)