1 Iso u yerdan jo‘nab, ona shahriga bordi. Shogirdlari ham Uning ortidan ergashdilar.
2 Shabbat kuni Iso sinagogada ta’lim berdi. Uni tinglayotganlarning ko‘pchiligi hayratga tushib: — Bu Odam shuncha narsani qayerdan o‘rgandi ekan–a? — deb so‘rardilar. — Unga bunday donolikni kim berdi? U bunday mo‘jizalarni qanday qilyapti?
3 Iye, U Maryamning duradgor o‘g‘li–ku! Yoqub, Yusuf, Yahudo va Shimo‘nning akasi emasmi bu?! Uning singillari ham oramizda yashaydi–ku! Odamlar Isodan qattiq xafa bo‘ldilar.
4 Iso ularga shunday dedi: — Payg‘ambar ona shahridan, o‘z qarindosh– urug‘lari va uyidan boshqa hamma yerda izzatlanadi.
5 Iso u yerda hech qanday mo‘jiza ko‘rsata olmadi. Faqatgina birmuncha bemorlarga qo‘l tekkizib, ularni sog‘aytirdi.
6 Iso odamlarning ishonchsizligiga hayron qoldi. Shundan so‘ng Iso atrofdagi qishloqlarda kezib yurib, ta’lim berardi.
7 O‘n ikki havoriyni yoniga chaqirib, ikkita–ikkitadan qilib jo‘nata boshladi. Ularga yovuz ruhlar ustidan hokimiyat berdi.
8 Ularga buyurib dedi: “Yo‘l uchun yolg‘iz hassadan boshqa hech narsa — non ham, to‘rva ham, belbog‘laringizga mis chaqa ham qistirib olmanglar,
9 oyog‘ingizga choriq kiyib, ustingizga qo‘shimcha kiyim olmanglar.”
10 Iso yana dedi: “Biror yerga borib, bironta uyga kirganingizda, to o‘sha joyni tark etguningizgacha, shu uyda turinglar.
11 Agar biror joyning odamlari sizni qabul qilmasa va sizga quloq solmasa, u yerdan chiqib ketayotganingizda ularni ogohlantirish tariqasida oyoqlaringizning changini qoqib ketinglar.”
12 Shunday qilib, havoriylar yo‘l yurib, tavba qilinglar, deb hammani da’vat qilishdi.
13 Ular ko‘p jinlarni quvib chiqarishdi va ko‘p xastalarga moy surtib ularni sog‘aytirishdi.
14 Isoning nomi el og‘ziga tushib qolgan edi. Shoh Hirodning qulog‘iga ham mish–mishlar yetib bordi. Ba’zi odamlar: “Yahyo cho‘mdiruvchi tirilib kelibdi. Shuning uchun U bunday ajoyibotlarni sodir qilmoqda”, deyishardi.
15 Boshqalar esa: “Bu Ilyos”, deb aytishardi. Yana boshqa birovlari: “Qadimgi payg‘ambarlarga o‘xshagan bir payg‘ambar bu”, deb aytardilar.
16 Hirod bularni eshitib, shunday dedi: — Men boshini oldirgan Yahyo tirilib kelibdi.
17 Hirod o‘z ukasi Filipning xotini Hirodiyaga uylangan edi.
18 Yahyo esa Hirodga: “Siz ukangizning xotiniga uylana olmaysiz, bu qonunga zid”, — deb aytar edi. Shuning uchun Hirod Yahyoni qo‘lga olib, zindonga qamatib qo‘ygan edi.
19 Hirodiyaning ham Yahyoda qasdi bor edi. U Yahyoni o‘ldirmoqchi bo‘lardi, ammo bu niyatiga yeta olmayotgan edi.
20 Negaki Hirod Yahyoning solih va muqaddas kishi ekanini bilib, undan qo‘rqar va uni himoya qilar edi. Uning so‘zlari Hirodni gangitib qo‘yardi, shunga qaramay Hirod uni eshitishni xush ko‘rardi.
21 Bir kuni qulay fursat tug‘ilib qoldi. Hirod o‘zining tug‘ilgan kuni munosabati bilan amaldorlariga, lashkarboshilariga va Jalila viloyatining yo‘lboshchilariga ziyofat berdi.
22 Hirodiyaning qizi kirib, raqs tushdi va Hirod bilan ulfatlarining ko‘nglini topdi. Shoh qizga: — Tila tilagingni, tilagan narsangni beraman, — dedi.
23 Unga hatto qasam ichib: — Mendan nima so‘rasang, beraman, shohligimning yarmigacha bo‘lsa ham, beraman, — dedi.
24 Qiz tashqariga chiqib onasiga: — Nima so‘ray? — dedi. — Yahyo cho‘mdiruvchining boshini so‘ra! — dedi onasi.
25 Qiz shu onda shoh huzuriga yugurib borib: — Menga hoziroq Yahyo cho‘mdiruvchining boshini laganda keltirib berishingizni so‘rayman, — dedi.
26 Shoh juda xafa bo‘ldi. Ammo mehmonlari oldida qasam ichgani uchun qizning iltimosini rad etishni istamadi.
27 U o‘sha zahoti jallodni yuborib, Yahyoning boshini keltirishni buyurdi.
28 Jallod zindonga borib, Yahyoning boshini tanidan judo qildi. Keyin uning boshini laganda keltirib, qizga berdi. Qiz esa onasiga berdi.
29 Yahyoning shogirdlari yuz bergan hodisani eshitib, uning jasadini olgani borishdi va uni dafn etishdi.
30 Havoriylar Isoning oldiga yig‘ilib, qilgan hamma ishlarini, xalqqa nimalar o‘rgatishganini aytib berdilar.
31 Iso ularga: — Kelinglar, yolg‘iz o‘zimiz kimsasiz joyga boraylik, bir oz dam olinglar, — dedi. Chunki kelib–ketuvchilar ko‘pligidan ularning ovqat yeyishga ham vaqti yo‘q edi.
32 Iso bilan shogirdlari qayiqqa tushib, yolg‘iz o‘zlari kimsasiz joyga jo‘nab ketishdi.
33 Lekin ko‘pchilik ularning qayerga ketayotganini bilib qoldilar. Shunda atrofdagi hamma shaharlardan odamlar piyoda yo‘lga tushishdi, Iso bilan shogirdlari borayotgan joyga yugurib, ulardan oldin yetib borishdi.
34 Iso qayiqdan tushganda, katta bir olomonni ko‘rdi. Ularga achinib ketdi, chunki ular cho‘ponsiz qo‘ylarga o‘xshardi. Iso ularga ko‘p narsalar haqida ta’lim berdi.
35 Kech kirganda, shogirdlar Isoning oldiga kelib dedilar: — Bu joy kimsasiz ekan, buning ustiga, juda kech bo‘lib qoldi.
36 Xalqni jo‘natib yuboring, toki ular atrofdagi qishloq va ovullarga borib, o‘zlariga yegulik sotib olishsin.
37 — Sizlar ularga ovqat beringlar! — dedi Iso. — Nahotki biz ikki yuz kumush tangaga non sotib olib kelib, xalqqa yedirsak? — deb so‘rashdi Undan.
38 Iso dedi: — Qancha nonlaringiz bor? Borib ko‘ringlar. Ular bilib kelib: — Beshta non, ikkita baliq bor ekan, — deyishdi.
39 Iso xaloyiqni guruh–guruh qilib, yashil o‘t ustiga o‘tqazishni shogirdlariga buyurdi.
40 Xalq yuztadan va elliktadan guruh–guruh bo‘lib o‘tirdi.
41 Iso beshta non bilan ikkita baliqni oldi va osmonga qarab, shukrona duosini o‘qidi. Nonlarni sindirib, xaloyiqqa tarqatish uchun shogirdlariga berdi. Ikkita baliqni ham hammaga taqsimlab berdi.
42 Hamma yeb to‘ydi.
43 So‘ng ortib qolgan non burdalarini va baliqlarni yig‘ib olishgan edi, o‘n ikki savat chiqdi.
44 Non yeganlar besh ming erkak edi.
45 Iso vaqt o‘tkazmay, shogirdlarini qayiqqa tushirib, ko‘lning narigi tomonidagi Baytsayda shahriga ketishga majbur qildi. Olomonni esa uylariga qaytarib jo‘natib yubordi.
46 Odamlar bilan xayrlashgandan keyin, ibodat qilish uchun tepalikka chiqdi.
47 Kech kirdi. Qayiq ko‘lning o‘rtasida, Iso esa yolg‘iz O‘zi quruqlikda qolgan edi.
48 Shogirdlar eshkak eshishga qiynalayotgan edilar, chunki shamol qayiqqa qarshi esar edi. Iso buni ko‘rib, erta saharda ko‘l ustida yurganicha shogirdlari tomon keldi–da, yonlaridan o‘tib ketmoqchi bo‘ldi.
49 Shogirdlar esa ko‘l yuzida yurgan Isoni ko‘rib, arvoh deb o‘ylab, baqirib yuborishdi.
50 Chunki hammalari Uni ko‘rib, vahimaga tushib qolgan edilar. Lekin Iso o‘sha zahoti ularga: — Dadil bo‘linglar! Qo‘rqmanglar, bu Menman! — dedi.
51 So‘ng Iso shogirdlari yoniga — qayiqqa o‘tgach, shamol tinib qoldi. Shogirdlar tamomila hayratga tushdilar,
52 chunki ular non to‘g‘risidagi mo‘jizani ham tushunmagan edilar, buni anglashga aqllari yetmas edi.
53 Ular ko‘ldan suzib o‘tib, Genisaret o‘lkasiga keldilar. O‘sha yerda qayiqni bog‘ladilar.
54 Qayiqdan chiqishlari bilanoq xalq Isoni tanib qoldi.
55 Odamlar butun yurtni yugurib aylanib chiqdilar, xastalarni to‘shaklarda Isoning oldiga olib bordilar. Ular har safar Isoning qayerdaligini eshitishsa xastalarni o‘sha yerga olib borishardi.
56 Iso qayerga bormasin — qishloqlargami, shaharlargami, ovullargami — odamlar xastalarni ochiq maydonlarga yotqizib qo‘yishardi. Xastalar Isodan: “Hech bo‘lmasa kiyimingizning etagiga qo‘l tekkizaylik”, deb iltimos qilishardi. Unga qo‘l tekkizganlarning hammasi shifo topardi.
Mark Muqaddas xushxabar: 6 Bob
MakDonaldning Injil kitobiga o'zbek tilidagi sharhlari
L. Xizmatkor Nazaretda rad etilgan (6:1−6)
6:1−3 Iso shogirdlari bilan Nazaretga qaytdi. Bu Uning vatani bo‘lib, u yerda duradgor bo‘lib ishlagan edi. Shanba kuni U ibodatxonada ta’lim berdi. Hayratga tushgan odamlar Uning ta’limotining donoligi va mo‘jizalarining g‘ayrioddiyligini inkor eta olmadilar. Biroq ular Uni Xudoning O‘g‘li deb tan olishni aslo istamas edilar. Ular Uni Maryamning o‘g‘li, oddiy duradgor deb bilishardi. Uning aka-ukalari va opa-singillari hamon shu yerda edilar. Agar U qudratli g‘olib qahramon sifatida Nazaretga qaytib kelganida, ular Uni zo‘r mamnuniyat bilan kutib olgan bo‘lardilar. Ammo U kamtarlik va xokisorlik bilan keldi. Bu ularni vasvosaga soldi.
6:4−6 Aynan shunda Iso payg‘ambarni odatda o‘z yurtidan tashqarida yaxshiroq kutib olishlarini ta’kidladi. Qarindoshlari va do‘stlari uning shaxsiyati yoki xizmatini baholay olmaydigan darajada unga yaqin edilar. "Xudoga xizmat qilish uchun uydan ham qiyinroq joy yo‘q". Nazaretliklar o‘zlari xalq nazarida past tabaqali odamlar edi. Ularga nisbatan xalqning munosabati shunday edi: "Nazaretdan biror yaxshi narsa chiqishi mumkinmi?" Shunday bo‘lsa-da, jamiyat tomonidan mensimay qaralmagan bu odamlar Rabbimiz Iso Masihga yuqoridan qarab munosabatda bo‘lishdi. Inson qalbidagi kibr va ishonchsizlikning surati qanday ayanchli! Aynan ishonchsizlik Najotkorning Nazaretdagi faoliyatiga to‘sqinlik qildi. U faqat bir necha kishiga shifo berdi, xolos. U yerda Uning qo‘lidan kelgani shu bo‘ldi. U odamlarning ishonchsizligidan hayratga tushdi. J. G. Miller ogohlantiradi:
"Bunday ishonchsizlikning oqibatlari yomonlikni ko‘paytiradi. U inoyat va marhamat yo‘llarini to‘sib qo‘yadi va faqat kichik bir oqim muhtojlikda azob chekayotgan inson qalbiga kirib borishi mumkin." (J. G. Miller, bundan oldingi hujjatlar mavjud emas.)
Iso yana yolg‘izlik ta’mini totdi; Uni tushunishmadi va e’tiborsiz qoldirishdi. Uning ko‘p izdoshlari bu qayg‘uga sherik bo‘ladilar. Ko‘pincha Parvardigorning xizmatchilari juda kamsitilgan ahvolga tushib qoladilar. Biz tashqi ko‘rinishdan tashqari narsalarni ko‘ra olamizmi va haqiqiy ma’naviy qadriyatlarni taniy olamizmi? Rabbimiz Nazaretdagi rad javobi tufayli ruhi tushmasdan, atrofdagi qishloqlarni aylanib, Xudoning Kalomini o‘rgatdi.
M. Xizmatkor shogirdlarini yuboradi (6:7−13)
6:7 O‘n ikki shogird yo‘lga chiqish vaqti keldi. Ular Xaloskorning tengsiz maktabida ta’lim olishgan edi; endi esa ular ulug‘ xushxabar jarchilari sifatida olg‘a yurishlari kerak edi. Iso ularni ikkitadan qilib yubordi. Shu tariqa va’z ikki guvoh tomonidan tasdiqlanardi. Bu ham birgalikdagi sayohatda kuch-quvvat va o‘zaro yordam berardi. Bundan tashqari, ikki kishining bo‘lishi axloqiy jihatdan tuban muhitda foydali bo‘lishi mumkin edi. So‘ng ularga yovuz ruhlar ustidan hokimiyat berdi. Bunga alohida e’tibor berish lozim. Jinlarni quvib chiqarish Xudoning ishi; bunday hokimiyatni odamlarga faqat Xudoning O‘zi bera oladi.
6:8 Agar Rabbimizning Shohligi bu dunyodan bo‘lganida, U hech qachon 8−11 oyatlardagi ko‘rsatmalarni bermagan bo‘lardi. Ular oddiy dunyoviy rahbar berishi mumkin bo‘lgan ko‘rsatmalarga butunlay ziddir. Shogirdlar zahiralarsiz - xaltasiz, nonsiz, belbog‘da tangalarsiz xizmatga chiqishlari kerak edi. Barcha kerakli narsalarni olishda ular Xudoga ishonishlari lozim edi.
6:9 U ularga sandal va hassa olishlariga ruxsat berdi. Hassa ehtimol hayvonlardan himoyalanish uchun edi. Ularga faqat bitta qo‘shimcha kiyim olishga ijozat berildi. Shubhasiz, hech kim shogirdlarning mol-mulkiga hasad qilmagan va boylik istagi bilan nasroniylikka jalb qilinmagan bo‘lardi! Shogirdlar egalik qiladigan har qanday hokimiyat Xudodan kelishi kerak edi; ular o‘zlarini to‘liq Unga topshirgandilar. Ularning sayohat paytidagi moddiy ahvoli juda nochor bo‘lsa-da, ular Xudoning O‘g‘lini taqdim etardilar va Uning qudratiga ega edilar.
6:10 Ular mehmondorchilikni taklif qilingan joyda qabul qilishlari va u yerdan ketgunlaricha o‘sha uyda qolishlari kerak edi. Ushbu ko‘rsatmaga ko‘ra, ular o‘zlari uchun qulayroq turar-joy qidirmasliklari lozim edi.
Ularning vazifasi O‘zini emas, boshqalarni o‘ylagan Zotning xabarini yetkazish edi. Ular hashamat, qulaylik va yengil hayot izlab, va’zni obro‘sizlantirmasliklari kerak edi.
6:11 Agar biror joyda shogirdlarni va ularning so‘zini qabul qilmasalar, ular u yerda qolmasliklari kerak edi. Bunday qilish cho‘chqalar oldiga marvarid sochish bilan barobar edi. Shogirdlar ketayotganda, oyoqlarining changini qoqib tashlashlari kerak edi. Bu Xudo O‘zining sevimli O‘g‘lini rad etganlarni rad etishining ramzi edi. Garchi ba’zi ko‘rsatmalar vaqtinchalik bo‘lib, keyinchalik Rabbimiz Iso Masih tomonidan bekor qilingan bo‘lsa-da (Luqo 22:35-36), bular Masihning xizmatchisi uchun barcha davrlar uchun abadiy tamoyillarni o‘z ichiga oladi.
6:12−13 Shogirdlar borib tavba haqida va’z qildilar, ko‘plab jinlarni haydadilar, ko‘p bemorlarga moy surtib, shifo berdilar. Bizningcha, moy surtish Muqaddas Ruhning yumshatuvchi va fosh etuvchi kuchini ifodalovchi ramziy harakat edi.
N. Xizmatkorning o‘tmishdoshi boshi kesilgan (6:14−29)
6:14−16 Podsho Hirod mamlakatda mo‘jizakor odam yurgani haqidagi ovozalarni eshitgach, darhol Yahyo cho‘mdiruvchi tirilgan degan xulosaga keldi. Ba’zilar uni Ilyos yoki payg‘ambarlardan biri deyishsa-da, Hirod o‘zi boshini tanasidan judo qilgan odam tirilganiga ishonardi. Yahyo cho‘mdiruvchi Xudoning ovozi edi. Hirod bu ovozni o‘chirishga majbur bo‘ldi. Endi Hirodni qilgan ishi uchun dahshatli vijdon azobi qiynardi. U gunohkorning yo‘li naqadar og‘irligini tushunardi.
6:17−20 Bu yerda hikoya Yahyo qatl etilgan vaqtga qaytadi. Yahyo cho‘mdiruvchi Hirodni ukasi Filippning xotini bilan noqonuniy nikohdan o‘tganlikda aybladi. Hirodning xotini Irodiada g‘azablanib, qasos olishga qasam ichdi. Biroq Hirod Yahyoni hurmat qilar, uning solih odam ekanini bilar va Irodiadaning urinishlariga to‘sqinlik qilardi.
6:21−25 Nihoyat, unga imkoniyat tug‘ildi. Mahalliy mashhurlarning barchasi ishtirok etgan Hirodning tug‘ilgan kunini nishonlash paytida, Irodiada qizini raqsga tushishga undadi. Qiz Hirodga shunchalik yoqdiki, u qizga ko‘p ham emas, oz ham emas, o‘z saltanatining yarmini berishga va’da berdi. Onasi o‘rgatganidek, u Yahyo cho‘mdiruvchining boshini likopchada so‘radi.
6:26−28 Shoh tuzoqqa tushdi. O‘z xohishi va sog‘lom fikriga zid ravishda, u iltimosni bajardi. Gunoh uning atrofida to‘r to‘qidi va vassal shoh yovuz ayol hamda ehtirosli raqsning qurboni bo‘ldi.
6:29 Yahyoning sodiq shogirdlari bo‘lib o‘tgan voqeani eshitgach, jasadni olib, qabrga qo‘yishdi va borib, bu haqda Isoga xabar berishdi.
O. Besh ming kishining to‘ydirilishi (6:30−44)
6:30 Bu mo‘jiza to‘rtta Injilda ham tasvirlangan. Bu voqea Isoning ommaviy xizmatining uchinchi yili boshida sodir bo‘ldi. Havoriylar birinchi xushxabar tarqatish safaridan endigina Kapernaumga qaytib kelishgan edi (7-13-oyatlarga qarang). Balki ular muvaffaqiyatdan ilhomlangandir, balki charchab, oyoqlari toliqgandir. Ularning tinchlik va sukunatga muhtojliklarini anglagan Rabbimiz ularni qayiqda Jalila dengizi sohilidagi kimsasiz joyga olib bordi.
6:31−32 Biz ko‘pincha masihiylarning hashamatli ta’tilni o‘tkazishni oqlash uchun "yolg‘iz kimsasiz joyga borib, biroz dam oling" degan so‘zlarni ishlatishlarini eshitamiz. Kelli shunday yozgan:
"Agar biz ko‘proq dam olish uchun shunday ta’tilga muhtoj bo‘lsak, ya’ni mehnatimiz shunchalik ko‘p bo‘lsa, boshqalarga baraka berish uchun o‘zimizni fido qilsak, Rabbimizning bu so‘zlari bizga ham tegishli ekanligiga ishonch hosil qilsak, bu biz uchun foydali bo‘lardi." (William Kelly, An Exposition of the Gospel of Mark, 85-bet.)
6:33−34 Ko‘l bo‘ylab Rabbimiz va Uning shogirdlari ortidan ko‘plab odamlar ergashdi. Iso odamlarga achinib qaradi. Ular ruhiy yo‘lboshchisiz, och va himoyasiz sargardon edilar. Shunda U ularga ta’lim bera boshladi.
6:35−36 Uzoq kun Isoning shogirdlarini charchatdi va ular odamlar haqida xavotirlanishni boshladi - ular juda ko‘p va hech qanday ovqat yo‘q edi. Ular Rabbimizni odamlarni tarqatib yuborishga undashdi. Xuddi o‘sha odamlar Najotkorda rahm-shafqat tuyg‘usini va shogirdlarda bezovtalik hissini uyg‘otdi. Biz atrofimizdagi odamlarni qanday qabul qilamiz: halaqit beruvchi yoki bizning mehrimizga muhtoj kishilar sifatidami?
6:37−38 Iso shogirdlariga o‘girilib: "Siz ularga ovqat beringlar," dedi. Vaziyat g‘alati ko‘rinardi: besh ming erkak, yana ayollar va bolalar, beshta non, ikkita baliq va Xudodan boshqa hech narsa yo‘q edi.
6:39−44 Mo‘jiza tufayli shogirdlar Najotkorning och qolgan dunyo uchun hayot noni bo‘lish uchun o‘zini qanday fido qilishini ko‘rdilar. Boshqalar abadiy hayotga ega bo‘lishlari uchun uning tanasi sindi. Darhaqiqat, Uning aytgan so‘zlari Uning o‘limini xotirlash uchun o‘tkaziladigan Qutlug‘ Kechani eslatadi: U oldi, U duo qildi, U sindirdi, U berdi. Shogirdlar ham Unga xizmat qilishda qimmatli saboq oldilar:
1. Hazrati Isoning shogirdlari hech qachon Uning barcha ehtiyojlarimizni qondirish qudratiga shubha qilmasliklari kerak. Agar U besh ming kishini beshta non va ikkita baliq bilan to‘yg‘azishga qodir bo‘lsa, har qanday sharoitda ham Unga imon bilan xizmat qilganlar uchun barcha zarur narsalarni tayyorlab qo‘yadi. Ular rizq haqida qayg‘urmasdan Uning uchun mehnat qilishlari mumkin. Agar ular avvalo Xudoning Shohligini va Uning haqiqatini izlashsa, barcha ehtiyojlari qondiriladi.
2. Halokatga yuz tutayotgan dunyoni qanday qilib xushxabar bilan targ‘ib qilish mumkin? Iso ularga: "Siz ularga ovqat beringlar!" dedi. Agar biz Unga bor narsamizni bersak, u qanchalik arzimas tuyulmasin, U buni ko‘pchilik uchun barakaga aylantirishi mumkin.
3. U bu ishni tartib bilan, odamlarni yuz kishilik va ellik kishilik guruhlarga bo‘lib bajardi.
4. Non va baliqni duo qilib sindirdi. Barakasiz ular hech qanday foyda keltirmasdi. Sindirilmasdan ular yetarli bo‘lmasdi. "Boshqalarga yaxshiroq xizmat qilolmayotganimizning sababi shundaki, biz yetarlicha sindirilmaganmiz" ("Tanlangan iqtiboslar").
5. Iso ovqatni o‘zi tarqatmadi. U bu ishni shogirdlariga qildirdi. Uning rejasi O‘z odamlari orqali dunyoni to‘ydirishdir.
6. Hammaga ovqat yetarli bo‘ldi. Agar bugungi kunda barcha imonlilar Rabbimiz uchun mehnat qilishni kundalik ehtiyojlaridan ustun qo‘yishsa, hozirgi avlod butun dunyo bo‘ylab Xushxabarni eshitishga muyassar bo‘ladi.
Qolgan ovqat (o‘n ikki savat to‘la) U boshlagan ovqatdan ancha ko‘p edi. Xudo hayot beruvchi Saxiydir. Lekin e’tibor bering: hech narsa yo‘qolmadi. Ortiqchasi yig‘ib olindi. Isrofgarchilik gunohdir.
8. Agar shogirdlar dam olishni istaganlarida, eng buyuk mo‘jizalardan biri sodir bo‘lmagan bo‘lardi.
Bu bizda qanchalik tez-tez uchraydi!
P. Iso dengiz ustida yurishi (6:45−52)
6:45−50 Xaloskor nafaqat O‘z xizmatchilarining tirikchiligi haqida, balki ularning xavfsizligi to‘g‘risida ham g‘amxo‘rlik qila oladi.
Iso shogirdlarini qayiqda ko‘lning g‘arbiy qirg‘og‘iga qaytarib yubordi-da, ibodat qilish uchun tog‘ga ko‘tarildi. U tun qorong‘uligida shogirdlarining shamolga qarshi zo‘rg‘a eshkak eshayotganlarini ko‘rdi. U dengiz ustidan yurib, ularga yordam berishga shoshildi.
Dastlab ular Uni arvoh deb o‘ylab, qattiq qo‘rqib ketishdi. Shunda Iso ular bilan gaplashdi va qayiqqa tushdi. Shamol shu ondayoq tindi.
6:51−52 Hikoya quyidagi so‘zlar bilan yakunlanadi: "Ular nihoyatda hayratlanib, lol qoldilar. Chunki ular nonning mo‘jizasidan ibrat olmagan edilar, negaki ularning yuraklari toshday qotib qolgan edi." Bu yerda aytilishicha, ular hatto non bilan bo‘lgan mo‘jiza paytida Xudoning qudratini ko‘rganlarida ham, Iso uchun imkonsiz narsaning o‘zi yo‘qligini tushunishmagan. Ular Uning suv ustida yurganini ko‘rib hayratlanmasliklari kerak edi. Bu mo‘jiza ular ilgari ko‘rgan mo‘jizadan ortiq emas edi. Imon sustligi ularning qalblarini toshga aylantirgan, ma’naviy idroklari o‘tmaslashgan edi.
Cherkov bu mo‘jizada hozirgi davr va uning yakuni manzarasini ko‘radi. Tog‘dagi Iso hozir osmonda xizmat qilayotgan Masihning ramzidir. Shogirdlar Uning bo‘ronlar va hayot sinovlariga qarshi kurashayotgan xizmatchilarining timsolidir. Tez orada Xaloskor O‘z bandalarining oldiga qaytib keladi, ularni xavf-xatar va azob-uqubatlardan xalos etadi hamda ishonchli yo‘l bilan samoviy sohilga yetaklaydi.
Q. Gennisaret dengizi bo‘yidagi shifolashlar (6:53−56)
Rabbimiz dengizning g‘arbiy qirg‘og‘iga qaytib kelganida, bemorlar Uning atrofini o‘rab olishdi. U qayerga bormasin, odamlar Uning oldiga to‘shaklarda yordamga muhtojlarni olib kelishardi. Bozor maydonlari vaqtinchalik shifoxonalarga aylandi. Odamlar faqat Uning kiyimining etagiga qo‘l tekkiza oladigan darajada yaqinlashishni istashardi. Unga teginganlarga barchasi shifo topardi.