1 Iso xalqqa masallar orqali so‘zlay boshladi: “Bir odam uzumzor barpo qilibdi. Atrof– tevaragini devor bilan o‘rab, uzum siqadigan chuqur qazibdi, kuzatuv minorasini quribdi. Keyin uzumzorni bog‘bonlarga ijaraga berib, o‘zi safarga ketibdi.
2 Yig‘im–terim mavsumida, uzumzor hosilidan tegishli ulushini olish uchun o‘sha odam xizmatkorini bog‘bonlar oldiga yuboribdi.
3 Bog‘bonlar esa uni tutib olishibdi, kaltaklab, qup– quruq qaytarib yuborishibdi.
4 Uzumzor egasi yana boshqa bir xizmatkorini ularning oldiga yuboribdi. Ular bunisini ham boshiga urib, haqorat qilibdilar.
5 Yana boshqasini yo‘llabdi, unisini esa o‘ldirishibdi. U yana xizmatkorlarini yuboraveribdi, ammo bog‘bonlar ularning ba’zilarini urib, ba’zilarini o‘ldirishibdi.
6 Uzumzor egasining endi birgina odami qolibdi, u ham bo‘lsa, sevikli o‘g‘li ekan. U: “O‘g‘limni hurmat etarlar”, — deb, bog‘bonlar oldiga uni yuboribdi.
7 Lekin ular bir–biriga: — Bu merosxo‘r–ku! Uni o‘ldiraylik, shunda meros bizga qoladi, — deyishibdi.
8 O‘g‘lini ushlab, o‘ldirib, jasadini uzumzordan chiqarib tashlashibdi.
9 Xo‘sh, sizningcha, endi uzumzor egasi nima qilar ekan? U kelib bog‘bonlarni o‘ldiradi, uzumzorni esa boshqalarga ijaraga beradi.
10 Nahotki sizlar Muqaddas Bitiklardagi ushbu so‘zlarni hech o‘qimagan bo‘lsangiz: “Binokorlar rad etgan tosh Binoning tamal toshi bo‘ldi.
11 Bu Egamizning qilgan ishidir, Ko‘z oldimizdagi ajoyibotdir.”
12 Iso aytgan bu masal yahudiy yo‘lboshchilarga qarshi qaratilgan edi. Ular buni anglab yetdilar–u, Isoni qo‘lga olmoqchi bo‘ldilar. Ammo xalqdan qo‘rqqanlari uchun Unga qo‘l tekkizmay ketib qoldilar.
13 Isoni tilidan ilintirish uchun Uning oldiga farziylardan va Hirod tarafdorlaridan ba’zilarini yubordilar.
14 Ular kelib dedilar: — Ustoz, odil ekaningizni bilamiz. Siz biror kishiga xushomadgo‘ylik qilmaysiz. Odamlarga yuz–xotir qilmasdan, Xudoning yo‘lini to‘g‘ri o‘rgatasiz. Ayting–chi, Qaysarga soliq to‘lashimiz to‘g‘rimi yoki yo‘qmi? Biz soliq to‘laylikmi yoki to‘lamaylikmi?
15 Iso ularning ikkiyuzlamachiligini bilar edi. — Nima, Meni sinab ko‘rmoqchimisizlar? Menga bir kumush tanga olib kelinglar, bir ko‘rayin, — dedi.
16 Ular olib kelgach, Iso so‘radi: — Bu surat va yozuv kimniki? — Qaysarniki, — dedi ular.
17 Iso ularga: — Qaysarning haqini Qaysarga, Xudoning haqini Xudoga beringlar, — dedi. Buni eshitganlar hayratda qoldilar.
18 Sadduqiylar o‘liklarning tirilishini inkor etardilar. Ularning ba’zilari Isoning oldiga kelib, xalq oldida Unga shunday savol berdilar:
19 — Ustoz! Muso bizga shunday yozib qoldirgan: “Agar birovning akasi farzand ko‘rmay o‘tib ketsa, ukasi akasining xotiniga uylanib, akasi uchun farzandni dunyoga keltirsin.”
20 Yetti aka–uka bo‘lgan ekan. Birinchisi uylanibdi, so‘ng nasl qoldirmay o‘lib ketibdi.
21 Ikkinchisi ham o‘sha xotinni olib, farzand ko‘rmay olamdan o‘tibdi. Uchinchisi ham shu ko‘yga tushibdi.
22 Shuningdek, aka–ukalarning yettovi ham farzand ko‘rmay olamdan o‘tibdi. Oxirida xotin ham qazo qilibdi.
23 Ayting–chi, Xudo odamlarni tiriltirganda xotin qaysi birining xotini hisoblanadi? Yettovi ham unga uylangan edilar–ku!
24 Iso ularga shunday javob berdi: — Sizlar Muqaddas Bitiklarni ham, Xudoning qudratini ham bilmaysizlar, ana shu sababdan adashyapsizlar.
25 O‘liklar tirilganda uylanmaydilar, erga ham tegmaydilar, balki bamisoli osmondagi farishtalarday bo‘ladilar.
26 O‘liklarning tirilishi haqidagi masalaga kelsak: nahotki sizlar hech qachon Musoning kitobini o‘qimagan bo‘lsangizlar?! Yonayotgan buta to‘g‘risidagi parchada Xudo Musoga: “Men Ibrohim, Is’hoq va Yoqubning Xudosiman”, — degan–ku!
27 Axir, Xudo o‘liklarning emas, tiriklarning Xudosidir. Sizlar nihoyatda adashyapsizlar.
28 Tavrot tafsirchilaridan biri ularning munozara qilayotganini eshitib, Isoning ularga yaxshi javob berib turganini ko‘rdi. U Isoning oldiga kelib: — Amrlarning eng muhimi qaysi biri? — deb so‘radi.
29 Iso unga javob berib dedi: — Eng muhim amr shudir: “Ey Isroil, quloq sol! Egamiz Xudoyimizdir, Egamiz tanhodir.
30 Egangiz Xudoni butun qalbingiz bilan, jonu dilingiz bilan, butun ongingiz bilan, kuchingiz boricha seving.”
31 Eng muhim amrlardan ikkinchisi: “O‘zgani o‘zingizni sevganday seving.” Bulardan buyukroq amr yo‘q.
32 — Yaxshi gapirdingiz, Ustoz, — dedi tafsirchi Isoga. — Xudo tanhodir, Undan boshqa Xudo yo‘q, deb to‘g‘ri aytdingiz.
33 Uni butun qalbimiz, butun idrokimiz, kuchimiz boricha sevishimiz kerak. O‘zgani ham o‘zimizni sevganday sevishimiz kerak. Bu — kuydiriladigan va boshqa qurbonliklar keltirishdan a’loroqdir.
34 Iso uning oqilona javob berganini ko‘rib: — Sen Xudoning Shohligidan uzoqda emassan, — dedi. Shundan keyin hech kim Isoga savol berishga jur’at etmadi.
35 Iso Ma’badda ta’lim berayotib, shunday savol berdi: — Qanday qilib Tavrot tafsirchilari MasihniDovudning o‘g‘li deydilar?
36 Dovudning o‘zi Muqaddas Ruh ilhomi bilan deganki: “Egamiz aytmoqda Rabbimga: Dushmanlaringni oyoqlaring ostiga yiqitmagunimcha, Sen Mening o‘ng tomonimda o‘tirib turgin.”
37 Demak, Dovudning o‘zi Masihni Rabbim deb atagan bo‘lsa, qanday qilib Masih Dovudning o‘g‘li bo‘ladi?! Bir talay olomon Isoni ishtiyoq bilan tinglar edi.
38 Iso xalqqa nasihat qilib, yana shunday dedi: — Tavrot tafsirchilaridan ehtiyot bo‘linglar! Ular uzun kiyimlar kiyishni yaxshi ko‘radilar, bozorlarda odamlar ularga salom berishlarini,
39 sinagogalarda yaxshi joylarda o‘tirishni, ziyofatlarda to‘rda o‘tirishni yoqtiradilar.
40 Ammo beva ayollarning uy–joylarini tortib oladilar, xo‘ja ko‘rsinga uzoq duo o‘qiydilar. Bunday odamlar og‘irroq jazoga duchor bo‘ladilar.
41 Iso Ma’bad xazinasi qarshisida o‘tirib, ehson qutisiga pul solayotgan odamlarni kuzatib turdi. Ko‘p boylar anchagina pul tashladilar.
42 Bir kambag‘al beva ayol ham kelib, qiymati bir tiyinga to‘g‘ri keladigan ikki chaqa tashladi.
43 Shunda Iso shogirdlarini yoniga chaqirib dedi: — Sizlarga chinini aytayin, bu kambag‘al beva ayol xazinaga pul tashlaganlarning hammasidan ham ko‘proq tashladi.
44 Chunki boylarning hammasi o‘zlarining ortiqcha pullaridan ehson qildilar. Bu ayol esa kambag‘alligiga qaramasdan, o‘zining bor-yo‘g‘ini, ro‘zg‘origa ishlatiladigan hamma pulini tashladi.
Mark Muqaddas xushxabar: 12 Bob
MakDonaldning Injil kitobiga o'zbek tilidagi sharhlari
G. Yovuz uzumchilar haqidagi masal (12:1−12)
12:1 Hazrati Iso yahudiy rahbarlarining savoliga javob berishdan bosh tortgan bo‘lsa-da, ular bilan suhbatlashishni davom ettirdi.
U masal orqali ularni Xudoning O‘g‘lini rad etishda qattiq aybladi. Uzumzor ekkan odam - Xudoning O‘zidir. Uzumzor - Isroilning imtiyozli mavqeini anglatadi. Muso qonuni devor vazifasini o‘tab, Isroilni majusiylardan ajratib, ularni Xudoning tanlangan xalqi sifatida himoya qilgan. Uzumchilar esa farziylar, ulamolar va oqsoqollar kabi diniy yetakchilar edi.
12:2−5 Xudo o‘z xizmatkorlari - payg‘ambarlarni Isroil xalqiga muloqot, muqaddaslik va muhabbat izlab ko‘p marta yubordi. Ammo xalq payg‘ambarlarni ta’qib qilib, ba’zilarini o‘ldirdi.
12:6−8 Nihoyat, Xudo O‘zining sevimli O‘g‘lini yubordi. Ular, albatta, Undan uyalishlari kerak edi. Ammo bunday bo‘lmadi. Ular Unga qarshi fitna uyushtirib, oxiri qatl qildilar. Bu so‘zlar bilan Iso O‘z o‘limini bashorat qildi va qotillarini ko‘rsatdi.
12:9 Xudo bunday yovuz odamlarga nima qiladi? Ularni halok qiladi, imtiyozli o‘rinni esa boshqalarga beradi. "Boshqalar" so‘zi ostida majusiylar yoki oxirgi kunlarda tavba qilgan Isroil qoldig‘i nazarda tutilishi mumkin.
12:10−11 Bularning barchasi Tavrotdagi bashoratlarning ijrosi edi. Masalan, Zabur 117:22-23 da yahudiy rahbarlari o‘z qurilish rejalarida Masihni rad etishlari bashorat qilingan. Ular poydevor toshi uchun joy topolmaydilar. Lekin U o‘limidan so‘ng tirilib, Xudo tomonidan berilgan yuksak mavqeni egallaydi. U Xudoning binosida asosiy burchak toshi bo‘ladi.
12:12 Yahudiy oqsoqollari masalning ma’nosini tushundilar. Ular Zabur 117-sanoda Masih haqida aytilgan deb bilishardi. Endi ular Iso bu oyatlarni O‘ziga nisbatan qo‘llaganini eshitdilar. Uni ushlashga intildilar, ammo Uning vaqt-soati hali kelmagan edi. Xalq Isoni qo‘llab-quvvatlashi mumkin edi. Shunday qilib, diniy yetakchilar vaqtincha Uni tark etdilar.
I. Qaysarniki qaysarga, Xudoniki Xudoga (12:13−17)
12-bobda farziylar, irodiylar va sadduqiylarning Isoga qilgan hujumlari haqida o‘qiymiz. Bu savollar bobidir (9, 10, 14, 15, 16, 23, 24, 26, 28, 35, 37-oyatlarga qarang).
12:13−14 Murosasiz dushmanlar bo‘lgan farziylar va irodiylar endi birlashdilar: ularni Najotkorga bo‘lgan umumiy nafrat birlashtirdi. Ular Isoni ayblovchi so‘z aytishga majbur qilish uchun jon-jahd bilan harakat qildilar. Shuning uchun Undan: "Rim hukumatiga soliq to‘lash joizmi?" - deb so‘radilar.
Yahudiylarning hech biri majusiylar hukmronligi ostida yashashni yoqtirmasdi. Farziylar ulardan qattiq nafratlanar, irodiylar esa nisbatan mo‘tadil munosabatda edi. Agar Iso soliq to‘lashni ochiqchasiga qo‘llab-quvvatlaganda, ko‘plab yahudiylar Undan yuz o‘girgan bo‘lardi.
Bordi-yu, U qaysarga qarshi gapirsa, ular Rim hokimiyatiga bosim o‘tkazib, Uni xoinlikda ayblashga uringan bo‘lardi.
12:15−16 Iso O‘ziga kimdir dinor keltirishi so‘radi. (Chamasi, Uning o‘zida yo‘q edi.) Tangada yahudiylar mag‘lub bo‘lgan, qul qilingan xalq ekanligini eslatuvchi Qaysar Tiberiy tasviri bor edi. Nima uchun ular shunday ahvolga tushib qolgan edilar? Gunoh va bevafolik tufayli. Ularni tinchlantirish, ishlatayotgan tangalarida majusiy hukmdorning tasviri borligini tan olishga majbur qilish kerak edi.
12:17 Iso ularga: "Qaysarniki qaysarga, Xudoniki Xudoga beringlar," dedi. Uning javobi ularni fosh qildi, ammo bu fosh qilish Iso so‘zlarining birinchi qismiga emas, balki ikkinchi qismiga tegishli edi. Ular istamay bo‘lsa-da, rimliklarga soliq to‘lar, Xudoning ularning hayotiga bo‘lgan huquqini esa e’tiborsiz qoldirar edilar. Tangada qaysarning tasviri bor edi, demak, u qaysarga tegishli edi. Inson esa Xudoning suratida yaratilgan (Ibtido 1:26−27), demak, inson Xudoga tegishlidir.
Imonli kishi o‘zi yashayotgan hukumatga itoat etishi va uni qo‘llab-quvvatlashi lozim.
U mamlakat rahbariyatini haqorat qilmasligi yoki hukumatni ag‘darishda ishtirok etmasligi kerak. U soliq to‘lashi va barcha rahbarlar uchun ibodat qilishi shart. Agar uni Masihga bo‘lgan sadoqatini buzadigan biror ish qilishga undashsa, u rad etishi va oqibatiga tayyor turishi kerak. Xudoning talablari birinchi o‘rinda turishi lozim. Ushbu talablarga rioya qilgan holda, masihiylar doimo dunyoga yaxshi guvoh bo‘lishlari kerak.
J. Sadduqiylar va ularning tirilish haqidagi jumboq savoli (12:18−27)
12:18 Sadduqiylar o‘sha davrning liberallari va ratsionalistlari bo‘lib, e’tiqodni emas, faqat aqlni tan olishardi. Ular tananing tirilishi haqidagi ta’limotni masxara qilishardi. Bu e’tiqodni kulgi qilmoqchi bo‘lib, ular Rabbiy huzuriga bema’ni bir hikoya bilan kelishdi.
12:19 Ular Musoning qonunida Isroildagi beva ayollarga alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatilgani haqida Isoga eslatishdi. Oilaning nomini saqlab qolish va mulkini himoya qilish uchun qonun shuni belgilaganki, agar erkak farzandsiz vafot etsa, uning ukasi beva ayolga uylanishi kerak edi (Qonunlar 25:5−10).
12:20−23 Bu yerda yettita aka-ukaga navbatma-navbat turmushga chiqqan ayol haqidagi g‘alati hikoya keltirilgan. Keyin hammadan keyin u ham vafot etdi. Shunda ular "dono" savollarini berishdi: "Xo‘sh, tirilganda... u ularning qaysi biriga xotin bo‘ladi?"
12:24 Ular o‘zlari haqida juda yuqori fikrda edilar; Qutqaruvchi esa ularning chuqur bilimsizligini ko‘rsatdi, chunki ular na o‘liklarning tirilishi haqida ta’lim beradigan Muqaddas Bitikni, na o‘liklarni tiriltiruvchi Xudoning qudratini bilishardi.
12:25 Avvalo, ular nikoh munosabatlari osmonda davom etmasligini tushunishlari kerak edi. Osmonda imonlilar bir-birlarini taniydilar va erkak-ayollik farqlarini yo‘qotmaydilar, ammo uylanmaydilar va erga tegmaydilar. Bu jihatdan ular osmondagi farishtalar kabi bo‘ladilar.
12:26−27 So‘ngra Rabbimiz, Musoning kitoblarini Eski Ahdning qolgan qismidan yuqori qo‘yadigan sadduqiylarga, Muso bilan yonayotgan buta oldida sodir bo‘lgan voqeani eslatdi (Chiqish 3:6). U yerda Xudo O‘zi haqida Ibrohimning Xudosi, Is’hoqning Xudosi va Yoqubning Xudosi sifatida gapirgan edi. Qutqaruvchi bu parchadan Xudo o‘liklarning emas, balki tiriklarning Xudosi ekanligini ko‘rsatish uchun foydalandi.
E’tibor bering! Xudo Musoga zohir bo‘lganda Ibrohim, Is’hoq va Yoqub allaqachon vafot etgan emasmi edi? Ha, ularning jasadlari Xevrondagi Maxpela g‘orida edi. Qanday qilib Xudo tiriklarning Xudosi bo‘lishi mumkin?
Dalillar, shubhasiz, quyidagicha:
1. Xudo ota-bobolarga ham yer, ham Masih haqida va’dalar bergan.
2. Bu va’dalar ularning hayotlik paytlarida amalga oshmagan.
3. Xudo yonayotgan buta oldida Muso bilan gaplashganda, ota-bobolarning jasadlari qabrda edi.
4. Shunday bo‘lsa-da, Xudo O‘zi haqida tiriklarning Xudosi sifatida gapirgan.
5. U Ibrohim, Is’hoq va Yoqubga bergan va’dalarini bajarishi kerak.
6. Xudoning tabiatini bilganimizda, tirilish mutlaq zaruriyat ekanini tushunib yetamiz.
Shu bois Rabbimiz sadduqiylarga xayrlashayotib: "Demak, sizlar juda qattiq yanglishyapsizlar," dedi.
I. Eng buyuk amr (12:28−34)
12:28 Rabbimiz tanqidchilarning savollariga mohirlik bilan javob berganidan ta’sirlangan ulamolardan biri Undan qaysi amr eng muhim ekanligini so‘radi. Bu samimiy va ma’lum ma’noda eng muhim hayotiy savol edi. Aslida, u inson hayotining asosiy maqsadini qisqacha ifodalashni so‘rayotgan edi.
12:29 Avval Iso yahudiylarning e’tiqod ramzi bo‘lmish "Shema"ni keltirdi (Qonunlar 6:4): "Eshit, Isroil! Rabbimiz Xudo yagona Rabbdir".
12:30 So‘ngra U insonning Xudo oldidagi mas’uliyatini umumlashtirdi: Uni butun qalbi, joni, aqli va butun kuchi bilan sevish. Xudo inson hayotida eng yuqori o‘ringa ega bo‘lishi kerak. Xudoga bo‘lgan muhabbat bilan hech qanday boshqa muhabbatning raqobatlashishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.
12:31 O‘nta amrning ikkinchi qismi bizni yaqinimizni o‘zimizni sevgandek sevishga o‘rgatadi. Biz Xudoni o‘zimizdan ko‘ra ko‘proq, yaqinlarimizni esa o‘zimizni sevgandek sevishimiz kerak. Demak, hayotning asl ma’nosi avvalo Xudoning, so‘ngra boshqalarning manfaatlarini ko‘zlashdir. Moddiy narsalar haqida gap ketmayapti. Xudo ham, odamlar ham muhim.
12:32−33 Ulamo bu tushuntirishga chin dildan qo‘shilib, Xudoga va yaqinlarga bo‘lgan muhabbat marosimlardan ko‘ra muhimroq ekanligini maqtovga loyiq aniqlik bilan ta’kidladi. U odamlar ichki, shaxsiy muqaddaslikka ega bo‘lmasdan turib, diniy marosimlarni o‘tkazishlari va boshqalarga o‘zlarining taqvodorliklarini namoyish etishlari mumkinligini tushunardi. U Xudo insonning ham ruhiy holatiga, ham xatti-harakatlariga e’tibor berishini tan oldi.
12:34 Bu ajoyib so‘zlarni eshitib, Iso ulamoga Xudoning Shohligidan uzoq emasligini aytdi. Shohlikning haqiqiy fuqarolari tashqi dindorlik niqobi ostida Xudoni ham, odamlarni ham, o‘zlarini ham aldashga urinmaydilar.
Xudo qalbga qarishini anglagan holda, ular gunohdan poklanish va Unga ma’qul hayot kechirish uchun kuch so‘rab Uning huzuriga keladilar.
Shundan so‘ng hech kim ig‘vogarona savollar bilan Rabbimizga tuzoq qo‘yishga jur’at etmadi.
K. Dovudning o‘g‘li - Dovudning Rabbi (12:35−37)
Ulamolar doimo Masih Dovudning avlodi bo‘lishini ta’kidlashardi. Bu to‘g‘ri, lekin bu haqiqatning hammasi emas. Shuning uchun Rabbimiz Iso Masih ibodatxona hovlisida atrofidagilarga ushbu muammoli savolni berdi. Zabur 109:1 da Dovud kelajakdagi Masihni o‘z Rabbi sifatida tilga oladi. Bu qanday bo‘lishi mumkin? Qanday qilib Masih ham Dovudning O‘g‘li, ham Uning Rabbi bo‘lishi mumkin? Biz uchun javob aniq. Masih ham Inson, ham Xudodir. U Dovudning o‘g‘li sifatida Inson, Dovudning Rabbi sifatida Xudo. Ko‘pchilik Uning so‘zlarini zavq bilan tingladi. Ko‘rinib turibdiki, ular bu haqiqatni, garchi to‘liq tushunmasalar-da, qabul qilishni xohlashgan. Ammo farziylar va ulamolar haqida hech narsa deyilmagan. Ularning jim turishi xavotirli edi.
L. Ulamolarga qarshi ogohlantirish (12:38−40)
12:38−39 Ulamolarning dindorligi tashqi ko‘rinishdan iborat edi. Ular uzun kiyimlarda yurishni yoqtirardi. Bu ularni oddiy xalqdan ajratib turar va ularga muqaddaslik qiyofasini berardi. Ular jamoat joylarida dabdabali unvonlar bilan kutib olinishlaridan mamnun bo‘lishardi. Bu ularning manmanligini qondirardi! Ular ibodatxonalarda hurmatli o‘rinlarni egallashga intilardi, go‘yo ular egallab turgan joy taqvodorlikka aloqador bo‘lishi mumkindek. Ular nafaqat diniy ustunlikka, balki ijtimoiy imtiyozlarga ham chanqoq edilar. Ular ziyofatlarda ham yuqori o‘rinlarni egallashni istashardi.
12:40 Ichki dunyolari esa ochko‘zlik va munofiqlik bilan to‘la edi. Ular boylik orttirish uchun bevalarning mol-mulkini va tirikchilik mablag‘ini tortib olishar, go‘yo pullar Xudoga kerakdek ko‘rsatishardi! Ular uzun-uzun duolar o‘qishardi - dabdabali, balandparvoz, manmanlik bilan to‘lib-toshgan, faqat tilda aytiladigan duolar. Boshqacha aytganda, ularga g‘ayrioddiylik (uzun kiyimlar), mashhurlik (salomlashishlar), yuqori mavqe (eng yaxshi joylar), ustunlik (eng yaxshi mavqe), mulkka egalik (bevalarning uylari), soxta taqvodorlik (uzun ibodatlar) yoqardi.
M. Beva ayolning ikki tangasi (12:41−44)
Ulamolarning ochko‘zligiga qarama-qarshi o‘laroq, beva ayolning fidokorona xizmati turardi. Ular bevalarning uylarini "yeb bitirgan" bo‘lsa, bu ayol bor-yo‘g‘ini Rabbiga bag‘ishladi. Bu voqea Rabbimizning hamma narsadan xabardorligini ko‘rsatadi.
Boylarning ma’bad xazinasiga katta miqdorda xayr-ehson qilayotganini ko‘rgan Iso, ularning bu xayr-ehsoni qurbonlik emasligini bilardi. Ular o‘zlarining ortiqcha mablag‘laridan berishardi. Shuningdek, beva ayol qo‘ygan ikki chaqa uning barcha tirikchilik mablag‘i ekanligini bilgan holda, U beva ayol xazinaga qo‘yganlarning hammasidan ko‘proq qo‘yganini aytdi. Pul miqdori jihatidan, u juda oz berdi. Ammo Rabbimiz in’omlarni niyatimizga, imkoniyatlarimizga va o‘zimizga qoldirgan narsalarimizga qarab baholaydi. Bu moddiy boyligi ko‘p bo‘lmagan, ammo Xudoga xizmat qilishga ishtiyoqi baland kishilar uchun katta dalda bo‘ladi.
Hayratlanarlisi shundaki, biz bevaga qoyil qolib, Najotkorimizning fikriga qo‘shilishimiz mumkin, lekin bu ayolning ibratiga ergashmaymiz! Agar biz chindan ham o‘zimiz aytganimizdek ishonganimizda, u qilgan ishni qilgan bo‘lardik. Bu ehsonda u hamma narsa Rabbimizga tegishli ekanligiga, U hamma narsaga loyiq ekanligiga va U hamma narsaga ega bo‘lishi kerakligiga bo‘lgan ishonchini ifodaladi. Bugungi kunda ko‘plab masihiylar uni kelajagi haqida qayg‘urmagani uchun tanqid qilishadi. Uning xatti-harakati ehtiyotkorlik va mulohazakorlikning yo‘qligidan dalolat beradimi? Bunga ko‘pchilik qo‘shiladi. Biroq, bu imonning hayotidir - hozir hamma narsani Xudoning ishiga bag‘ishlash va kelajakda Unga ishonish. U, avvalo Xudoning Shohligini va Uning adolatini izlaydigan kishilarga g‘amxo‘rlik qilishni va’da qilmaganmidi (Matto 6:33)?
Tub o‘zgarishmi? Inqilobiy fikrmi? Isoning ta’limoti tub va inqilobiy mohiyatga ega ekanini anglamagunimizcha, biz uning xizmatining asosiy ma’nosini tushunmaymiz.