1 Iso shogirdlari bilan Quddusga yaqinlashib qolgan edilar. Ular Zaytun tog‘i etagidagi Baytfagiya va Baytaniya qishloqlariga yetib kelayotganlarida, Iso shogirdlaridan ikkitasiga dedi:
2 — Anavi qishloqqa boringlar. U yerga kirishingiz bilanoq, bog‘liq turgan va hech qachon minilmagan xo‘tikni ko‘rasizlar. O‘sha xo‘tikni yechib, bu yerga olib kelinglar.
3 Agar kimdir sizlardan: “Nima qilyapsizlar?” deb so‘rab qolsa, “Bu xo‘tik RabbimizMasihga kerak, xo‘tikni U darhol bu yerga qaytarib yuboradi”, deb javob beringlar.
4 Ular borib, ko‘chada darvoza yonida bog‘lab qo‘yilgan xo‘tikni ko‘rib, yechib olishdi.
5 U yerda turgan bir necha kishi ularga: — Nima qilyapsizlar? Nega xo‘tikni yechyapsizlar? — deb so‘rashdi.
6 Shogirdlar Iso buyurganidek javob berishdi, odamlar ularni qo‘yib yuborishdi.
7 Shogirdlar xo‘tikni Isoning oldiga olib kelishdi. Xo‘tik ustiga to‘nlarini tashlashdi, Iso xo‘tikka mindi.
8 Ko‘pchilik to‘nlarini yo‘lga poyandoz qilib yoydi. Boshqalar esa dashtdagi yashil novdalarni kesib, yo‘lga to‘shadilar.
9 Oldinda va orqada yurayotganlar shunday deb hayqirishardi: “Tasanno! Egamiz nomidan kelayotgan Inson baraka topsin!
10 Bobomiz Dovudning yaqinlashgan shohligi muborak bo‘lsin! Falak toqida Unga tasanno o‘qilsin!”
11 Iso Quddusga kirib, Ma’badga bordi, hamma narsani ko‘zdan kechirdi. Kun kech bo‘lib qolganidan, Iso o‘n ikki shogirdi bilan Baytaniya qishlog‘iga qaytib ketdi.
12 Ertasi kuni ular Baytaniyadan chiqqanlarida, Isoning qorni och edi.
13 U uzoqdan barglar bilan qoplangan bir anjir daraxtini ko‘rib qoldi, daraxtdan biron anjir topa olarmikanman, deb bordi. Daraxtning yoniga kelib, bargdan boshqa hech narsa topolmadi, chunki hali anjir terish vaqti emas edi.
14 Iso daraxtga qarab: — Bundan keyin to abad sening mevangni hech kim yemasin! — dedi. Shogirdlari ham bu gapni eshitishdi.
15 So‘ng ular Quddusga kelishdi. Iso Ma’badga kirib, ichkarida oldi–sotdi qilayotganlarni quvib chiqara boshladi. Sarroflarning xontaxtalarini, kaptar sotuvchilarning kursilarini ag‘darib yubordi.
16 Sotiladigan molni Ma’bad ichidan olib o‘tishga hech kimga ijozat bermadi.
17 Iso xalqqa ta’lim berayotib dedi: — Tavrotda yozilgan–ku: “Mening uyim, barcha xalqlarning Ibodat Uyi, deb ataladi.” Sizlar esa Xudoning uyini qaroqchilar uyasiga aylantirib yuboribsizlar!
18 Bosh ruhoniylar va Tavrot tafsirchilari buni eshitib, Isoni halok qilish payiga tushdilar. Butun xalq Isoning ta’limotiga mahliyo bo‘lgani uchun, bosh ruhoniylar bilan tafsirchilar Undan qo‘rqib qoldilar.
19 Kech kirgach, Iso shogirdlari bilan shahardan tashqariga chiqib ketdi.
20 Erta bilan ular yana anjir daraxti yonidan o‘tib qarashsa, daraxt ildizigacha qurib qolgan ekan.
21 Butrus bo‘lgan hodisani eslab, Isoga dedi: — Ustoz! Qarang, Siz la’natlagan anjir daraxti qurib qolibdi.
22 Iso bunga javoban dedi: — Xudoga ishonchingiz bo‘lsin.
23 Sizlarga chinini aytayin: agar kimki bu toqqa: “Qo‘porilib dengizga otil”, desa–yu, o‘z qalbida shubhalanmay, aytgani bajo kelishiga qattiq ishonsa, aytgani bo‘ladi.
24 Binobarin, sizlarga aytaman: siz ibodatda nimaiki so‘rasangiz, oldim, deb ishoninglar va sizga beriladi.
25 Ibodat qilib turganingizda birovda ginangiz bo‘lsa, uni kechirib yuboring, toki osmondagi Otangiz ham sizlarning gunohlaringizni kechirsin.
26 Bordi–yu, sizlar boshqalarning gunohlarini kechirmasangizlar, Otangiz ham sizni kechirmaydi.
27 Ular yana Quddusga keldilar. Iso Ma’badda aylanib yurgan edi, bosh ruhoniylar, Tavrot tafsirchilari va oqsoqollar Uning oldiga kelib
28 so‘radilar: — Siz bu ishlarni qanday hokimiyat bilan qilyapsiz? Bularni qilish uchun Sizga kim hokimiyat bergan?
29 Iso ularga shunday javob berdi: — Men sizlarga bir savol beray. Menga javob bersangizlar, Men ham bu ishlarni qanday hokimiyat bilan qilayotganimni sizlarga aytaman.
30 Yahyo xalqni suvga cho‘mdirish huquqini Xudodan olganmidi yoki insondanmi? Javob beringlar Menga.
31 Ular o‘zlaricha mulohaza yurita boshlashdilar: “Agar Xudodan desak, U: ‘Nega Yahyoga ishonmadingizlar?’ — deydi.
32 Agar insondan desak–chi?” Vaholanki, ular olomondan qo‘rqardilar, chunki hamma Yahyoni haqiqiy payg‘ambar, deb hisoblardi.
33 Xullas, ular Isoga: — Bilmaymiz, — deb javob berdilar. Iso ularga dedi: — Unday bo‘lsa, Men ham bu ishlarni qaysi hokimiyat bilan qilayotganimni sizlarga aytmayman.
Mark Muqaddas xushxabar: 11 Bob
MakDonaldning Injil kitobiga o'zbek tilidagi sharhlari
V. QUDDUSDA XIZMATKORNING XIZMATI (11-12-boblar)
A. G‘olibona kirish (11:1−11)
11:1−3 So‘nggi hafta haqidagi hikoya boshlanadi. Iso Zaytun tog‘ining sharqiy yonbag‘rida, Baytfagiya ("g‘o‘ra anjirlar uyi") va Baytaniya ("kambag‘allar, xokisorlar, ezilganlar uyi") yaqinida to‘xtagan.
Iso yahudiy xalqi oldida ularning Podshohi-Masihi sifatida ochiq namoyon bo‘ladigan vaqt kelgandi. U Zakariyo payg‘ambarning bashoratini (9:9) bajo keltirib, yosh eshakka minib buni amalga oshirishi kerak edi. Shunday qilib, Iso shogirdlaridan ikkitasini Baytaniyadan Baytfagiyaga jo‘natdi. U mukammal bilim va to‘la hokimiyatga ega bo‘lib, ularga hech kim minmagan, bog‘langan yosh eshakni topib, O‘ziga olib kelishni buyurdi.
Agar kimdir ularni to‘xtatsa, "Bu Xudoga kerak," deb aytishlari lozim edi. Bu yerda namoyon bo‘lgan Rabbning hamma narsani bilishi bir kishini quyidagi fikrga keltirdi: "Bu zamonaviy emas, balki tarixiy va samoviy Masihdir."
11:4−6 Hammasi Iso aytganidek bo‘ldi. Shogirdlar yosh eshakni qishloq ko‘chasidagi darvoza yonidan topishdi. Hayvonni nima uchun yechayotganlarini so‘raganlarida, shogirdlar Iso shunday qilishni buyurganini aytishdi. Shunda odamlar ularni qo‘yib yuborishdi.
11:7−8 Yosh eshakka ilgari hech kim minmagan bo‘lsa-da, u Yaratuvchisini Quddusga olib ketayotganda qarshilik qilmadi. Rabbimiz kiyimlar va xurmo shoxlaridan to‘shalgan yo‘ldan shaharga kirib keldi. Uning quloqlari ostida xalqning hayqiriqlari jaranglardi. Hech bo‘lmaganda bir lahzaga U Podshoh sifatida tan olindi.
11:9−10 Odamlar xitob qilishardi:
1. "Hosanna" - bu so‘z dastlab "qutqar, iltimos qilamiz" ma’nosini anglatgan, keyinchalik maqtov nidosiga aylangan. Ehtimol, odamlar: "Iltimos, bizni rim zolimlaridan qutqar!" demoqchi bo‘lgandir.
2. "Rabbimiz nomidan kelayotgan Zot muborak bo‘lsin!" - bu Isoning va’da qilingan Masih ekanligini aniq tan olish edi (Zabur 117:26).
3. "Otamiz Dovudning Egamiz nomi bilan keladigan shohligi muborak bo‘lsin!" - ular Shohlik o‘rnatilishi vaqti yaqinlashib, Masih Dovud taxtiga o‘tiradi, deb o‘ylashardi.
4. "Hosanna yuqorida!" - Parvardigorni samolarda ulug‘lashga yoki samolardan najot ko‘rsatishga da’vat.
11:11 Iso Quddusga kirdi, so‘ng ma’badga - ma’badning o‘ziga emas, balki hovlisiga kirdi. Bu joy Xudoning uyi deb hisoblangan. Ammo U bu ma’badda o‘zini uyidagidek his qilmadi, chunki ruhoniylar va xalq Unga tegishli joyni berishdan bosh tortdilar. Shuning uchun Xaloskor hamma yoqni ko‘zdan kechirgach, o‘n ikki shogirdi bilan Baytaniyaga jo‘nab ketdi. Yakshanba kuni kech kirgan edi.
B. Hosil bermagan anjir daraxti (11:12−14)
Bu voqea Quddusda Xaloskorga ko‘rsatilgan tantanali qabulning ma’nosini ochib beradi. Iso Isroil xalqini mevasiz anjir daraxtiga o‘xshatdi - unda e’tiqod izhorining barglari bor edi, ammo mevasi yo‘q edi. "Hosanna!" degan hayqiriq tez orada "Uni xochga mixlang!" degan hayqiriq bilan almashadi, bundan odamning eti junjikadi.
Bu parchani tushunishda biroz qiyinchilik borga o‘xshaydi. Garchi hikoyada hali anjir terish mavsumi kelmagani aniq aytilgan bo‘lsa-da, Iso anjir daraxtini unda meva bo‘lmagani uchun la’natlagan. Xaloskor o‘ylamasdan va sabrsizlik bilan ish tutganga o‘xshaydi. Ammo biz bunday emasligini bilamiz. Unday bo‘lsa, bu g‘alati holatni qanday izohlash mumkin?
Muqaddas Kitobda tasvirlangan yerlarda anjir daraxti barg chiqarmasdan oldin iste’molga yaroqli erta mevalar tugardi. Ular odatdagi hosilning darakchilari edi, bu yerda anjir yig‘ish vaqti sifatida tasvirlangan. Agar erta mevalar paydo bo‘lmasa, bu keyinchalik odatdagi hosil bo‘lmasligining belgisi edi. Iso Isroil xalqi oldiga kelganida, ularning e’tiqodidan darak beruvchi barglarni ko‘rdi, lekin Xudo uchun meva topmadi. Bu bajarilmagan va’da, haqiqiy voqeliksiz e’tiqod edi. Iso bu xalqdan hosil kutardi. Ammo erta meva bo‘lmagani uchun bu imonsiz xalqdan keyingi hosil ham bo‘lmasligini bilib, anjirni la’natladi. Bu milodiy 70-yilda Isroil boshiga tushadigan hukmdan darak beradi.
Biroq bundan Isroil abadiy hosil bermaydigan bo‘lib qoladi, degan xulosa kelib chiqmaydi. Yahudiy xalqi ma’lum muddatga chetga surib qo‘yilgan edi, Masih hukmronlik qilish uchun qaytib kelganida esa, xalq qayta tiriladi va yana Xudoning marhamatiga sazovor bo‘ladi.
Bu Masihning yagona mo‘jizasi bo‘lib, U bunda duo o‘qish o‘rniga la’natlagan, hayotni tiklash o‘rniga yo‘q qilgan. Bu taajjub uyg‘otadi. Biroq bu yerdagi e’tirozlar asossizdir. Yaratuvchi muhim ma’naviy saboq berish va shu orqali odamlarni abadiy halokatdan qutqarish uchun jonsiz narsani yo‘q qilishga oliy huquqqa ega. Garchi bu oyatning tafsiri asosan Isroilga tegishli bo‘lsa-da, u o‘zida balandparvoz gaplar va axloqsiz hayotni mujassam etgan barcha davrlardagi odamlarga ham taalluqlidir.
D. Xizmatkor ma’badni tozalaydi (11:15−19)
11:15−16 Iso ommaviy xizmatini boshlagach, savdogarlarni ma’baddan haydab chiqargan edi (Yuhanno 2:13−22). Endi xizmati nihoyasiga yetay deb qolganda, U yana ma’bad hovlisiga kirib, diniy xizmatdan foyda olayotganlarni haydab yubordi. U hatto ma’bad orqali biror narsani olib o‘tishga ham yo‘l qo‘ymasdi.
11:17 Ishayo va Yeremiyo kitoblaridan keltirilgan iqtiboslarni birlashtirgan holda, U ma’badning bulg‘anishi, tanlanganlik va tijorat ruhini qoraladi.
Xudo ma’badni faqat Isroil xalqi uchun emas, balki barcha xalqlar uchun ibodat uyi bo‘lishini ko‘zda tutgan (Ishayo 56:7). Ular esa uni diniy savdo-sotiq maydoniga, maxfiy bitimlar va firibgarlik o‘chog‘iga aylantirib qo‘yishdi (Yeremiyo 7:11).
11:18 Uning ayblovlari ulamolar va oliy ruhoniylarning yuragiga qattiq tegdi. Ular Isoni yo‘q qilmoqchi bo‘lishdi, ammo buni ochiqchasiga qilolmadilar, chunki oddiy xalq Isoga chuqur hurmat bilan qarardi.
11:19 Kechqurun U shahardan chiqib ketdi. Asl tildagi fe’l zamoni bu Uning odati bo‘lganini ko‘rsatadi, ehtimol xavfsizlik nuqtai nazaridan. U O‘zi uchun qo‘rqmasdi. Uning xizmati qo‘ylarni, ya’ni shogirdlarini asrab-avaylashni ham o‘z ichiga olganini yodda tutishimiz lozim (Yuhanno 17:6-19). Buning ustiga, belgilangan vaqtdan oldin dushmanlarga taslim bo‘lish U tomonidan nodonlik bo‘lardi.
E. Mevasiz anjir daraxti saboq beradi (11:20-26)
11:20-23 Iso anjir daraxtini la’natlagan kunning ertasiga, shogirdlar Quddusga borayotib, o‘sha daraxtning yonidan o‘tishdi. Anjir daraxti ildizigacha qurib qolgan edi. Butrus buni Rabbiga ko‘rsatganda, U shunchaki: "Xudoga ishoning," dedi. Lekin bu so‘zlarning anjir daraxti bilan qanday aloqasi bor? Keyingi oyatlar shuni ko‘rsatadiki, Iso qiyinchiliklarni yengish vositasi sifatida imonga da’vat etayotgan edi. Agar shogirdlarda Xudoga ishonch bo‘lsa, ular hosil bermaslik muammosini hal qilishlari va tog‘dek to‘siqni olib tashlashlari mumkin.
Biroq bu oyatlar insonga o‘z xohish-istaklari yoki shaxsiy manfaatlari uchun mo‘jizaviy kuch so‘rash huquqini bermaydi. Imonning har bir qadami Xudoning va’dasiga asoslanishi kerak.
Agar muayyan qiyinchilikni bartaraf etish Xudoning irodasi ekanini bilsak, bu amalga oshishiga to‘la ishonch bilan ibodat qilishimiz mumkin. Aslida, istaklarimiz Muqaddas Kitobda bayon etilgan Xudoning irodasiga muvofiq ekaniga amin bo‘lganimizda yoki Muqaddas Ruhdan ichki guvohlik olganimizda, chin qalbdan ibodat qilishimiz mumkin.
11:24 Agar biz chindan ham Rabbimiz bilan yaqin munosabatda yashab, Ruh bilan ibodat qilsak, ibodatimiz ijobat bo‘lishidan oldin ham uning ijobat bo‘lishiga ishonch hosil qilishimiz mumkin.
11:25-26 Biroq ibodatning ijobat bo‘lishining asosiy shartlaridan biri - kechirish ruhidir. Agar qalbimizda g‘azab va boshqalardan o‘ch olish istagini saqlasak, Xudo bizni eshitadi va javob beradi deb umid qila olmaymiz.
Kechirilish uchun kechirishimiz kerak. Bu imon keltirgandagi gunohlarning qonuniy kechirilishiga taalluqli emas: u faqat imon orqali inoyat tufayli sodir bo‘ladi. Bu yerda esa, Xudo O‘z farzandlari bilan otalarcha muomala qilishi haqida gap ketyapti. Kechirmaslik ruhi mo‘minning Samoviy Ota bilan munosabatlarini buzadi va barakalar oqimiga to‘sqinlik qiladi.
F. Xizmatkorning vakolati masalasi (11:27-33)
11:27-28 Iso ma’badga yaqinlashishi bilanoq, diniy rahbarlar Unga murojaat qilib, ikkita savol berib, Uning vakolatini shubha ostiga olishdi: (1) "Buni qanday vakolat bilan qilyapsan?" (2) "Senga buni qilishga kim huquq berdi?" (ya’ni ma’badni tozalash, anjir daraxtini la’natlash va tantanali ravishda Quddusga kirish). Ular U qanday javob berishidan qat’i nazar, Uni tuzoqqa ilintirmoqchi edilar. Agar U Xudoning O‘g‘li sifatida O‘zida vakolatga ega ekanligini aytsa, ular Uni kufrda ayblashardi. Agar U odamlardan vakolat olganini aytsa, ular Uni obro‘sizlantirgan bo‘lardilar. Agar U vakolatni Xudodan olganini aytsa, ular bu da’voga qarshi chiqishardi; chunki ular o‘zlarini xalqning Xudo tomonidan tayinlangan diniy rahbarlari deb hisoblashardi.
11:29-32 Ammo Iso savolga savol bilan javob berdi. Yahyo cho‘mdiruvchi Xudo tomonidan vakolat berilganmi yoki yo‘qmi? (Yahyoning cho‘mdirishi uning butun xizmatini nazarda tutadi.)
Bu savol ularni dovdiratib qo‘ydi. Agar Yahyoning xizmati samoviy bo‘lsa, unda ular uning tavba qilishga bo‘lgan chaqirig‘iga javob berishlari kerak edi. Bordi-yu, ular Yahyoning xizmatini kamsitishga jur’at etishsa, xalqning g‘azabini qo‘zg‘atgan bo‘lardilar, chunki xalq Yahyoni Xudoning jarchi deb bilardi.
11:33 Ular bilmasliklarini bahona qilib javob berishdan bosh tortganlarida, Rabbimiz ular bilan O‘z vakolatini muhokama qilishdan voz kechdi. Ular Yo‘l Hozirlovechi obro‘sini tan olishni istamaganlari uchun, Podshohning O‘zidan ham yuqoriroq obro‘ni tan olishlari dargumon edi!