1 Iso ularga yana dedi: — Sizlarga chinini aytayin, bu yerda turganlardan ba’zilari borki, ular Xudoning Shohligini qudrat bilan kelishini ko‘rmagunlaricha, o‘lmaydilar.
2 Oradan olti kun o‘tdi. Iso yoniga Butrus, Yoqub va Yuhannoni olib, baland bir toqqa chiqdi. U yerda, ularning ko‘z o‘ngida Isoning qiyofasi o‘zgarib ketdi.
3 Uning kiyimlari ham ko‘zni qamashtiradigan darajada oppoq bo‘lib qoldi, yer yuzida hech bir kir yuvuvchi bunday oqartira olmas edi.
4 Shunda shogirdlar Iso bilan gaplashib turgan Ilyos bilan Musoni ko‘rishdi.
5 Butrus Isoga dedi: — Ustoz, yaxshi ham shu yerda ekanmiz! Keling, uchta chayla yasaylik: bittasi Sizga, bittasi Musoga, bittasi Ilyosga.
6 Shogirdlar shunchalik qo‘rqib ketgan edilarki, Butrus nima deb aytayotganini o‘zi ham bilmas edi.
7 Shu paytda bulut paydo bo‘lib, ularga soya soldi. Bulut orasidan shunday ovoz eshitildi: — Bu Mening sevikli O‘g‘limdir, Unga quloq solinglar!
8 Birdaniga shogirdlar atrofga qarab, yolg‘iz Isodan boshqa hech kimni ko‘rishmadi.
9 Tog‘dan tushayotganlarida Iso ularga buyurdi: — Inson O‘g‘li o‘lib tirilmaguncha, bu ko‘rganlaringizni hech kimga aytmanglar.
10 Ular bu haqda hech kimga aytmadilar, ammo o‘zaro: “O‘likdan tirilish nima degani ekan?” deb, bu xususda munozara qila boshladilar.
11 Ular Isodan so‘radilar: — Nega Tavrot tafsirchilari, Masihdan oldin Ilyos kelishi kerak, deb aytadilar?
12 Iso ularga javoban dedi: — To‘g‘ri, avvalo Ilyos kelib, hamma narsani tiklaydi. Xo‘sh, Muqaddas Bitiklarda, Inson O‘g‘li ko‘p azob chekishi va xo‘rlanishi kerak, deb ham yozilmaganmi?!
13 Biroq Men sizlarga shuni aytaman: Ilyos allaqachon kelgan va u haqda yozilganidek, uni xohlaganicha ho‘rladilar.
14 Iso uch shogirdi bilan tog‘dan tushganda, ular qolgan shogirdlari atrofiga yig‘ilgan katta olomonni ko‘rdilar. Ba’zi Tavrot tafsirchilari Isoning shogirdlari bilan bahslashayotgan edilar.
15 Odamlar Isoni ko‘rib, hayratga tushishdi. Uning oldiga yugurib borib, salom berishdi.
16 — Nimalar to‘g‘risida bahslashyapsizlar? — deb so‘radi Iso.
17 Olomon orasidan kimdir javob berdi: — Ustoz! Sizning oldingizga o‘g‘limni olib kelgan edim, uni jin chalgani uchun gapira olmaydi.
18 Jin uni qayerda tutib olsa, yerga yiqitadi. O‘g‘limning og‘zidan ko‘pik chiqadi, u tishlarini g‘ichirlatib, qotib qoladi. Men shogirdlaringizga, jinni quvib chiqaringlar, dedim, ammo ular eplay olmadilar.
19 Iso bunga javoban: — Ey imonsiz avlod! Qachongacha sizlar bilan bo‘laman? Qachongacha sizlarga toqat qilaman? Oldimga keltiringlar bolani! — dedi.
20 Bolani Isoning oldiga keltirishdi. Isoni ko‘rishi bilanoq jin bolani qaltiratib tashladi. Bola yerga yiqildi–yu, og‘zidan ko‘pik oqizgancha ag‘nab yotaverdi.
21 Iso uning otasidan: — Qachondan beri u bunday ahvolga tushadi? — deb so‘radi. — Bolaligidan shunaqa.
22 Jin uni halok qilmoqchi bo‘lib ko‘p marotaba olovga, suvga tashladi. Agar qo‘lingizdan kelsa, bizlarga rahm qiling, yordam bering, — dedi.
23 Iso unga shunday javob berdi: — “Qo‘lingizdan kelsa” deganing nimasi?! Agar odam ishonsa, hamma narsaning imkoni bor.
24 Shu on bolaning otasi hayqirib yubordi: — Ishonaman! Ishonchsizligimni yengishimiga yordam bering!
25 Tomoshaga yig‘ilayotgan xalqni ko‘rgan Iso yovuz ruhga do‘q qilib: — Ey, gung qiladigan ruh, Men senga buyuraman: boladan chiqib ket! Bundan keyin hech qachon uning ichiga qaytib kirma! — dedi.
26 Shunda jin qattiq qichqirib yubordi–da, bolani shiddat bilan qaltiratib, undan chiqib ketdi. Bola o‘likday bo‘lib qolganidan, ko‘pchilik uni o‘ldi, deb aytdi.
27 Lekin Iso uni qo‘lidan ushlab turishiga yordam berdi, bola oyoqqa turdi.
28 Iso uyga kirdi. U yolg‘iz ekan, shogirdlari Undan: — Nega biz jinni quvib chiqara olmadik? — deb so‘radilar.
29 Iso ularga dedi: — Bu toifa jinlarni ibodatdan boshqa yo‘l bilan haydab bo‘lmaydi.
30 Iso va shogirdlari u yerdan jo‘nab, Jalila viloyatidan o‘tdilar. Iso buni hech kim bilib qolishini istamas edi.
31 U shogirdlariga ta’lim berib, shunday dedi: — Inson O‘g‘li odamlar qo‘liga tutib beriladi. Uni o‘ldirishadi, uch kundan keyin esa U tiriladi.
32 Shogirdlar esa bu so‘zlarni tushunmadilar, ammo Undan gaplarining ma’nosini so‘rashga botina olmadilar.
33 Iso shogirdlari bilan Kafarnahum shahriga keldi. Uyda bo‘lganda, shogirdlaridan so‘radi: — Yo‘lda ketayotib nimalar haqida bahslashdingiz?
34 Ular indamadilar, chunki ular: “Oramizda eng katta kim?” deb o‘zaro bahslashgan edilar.
35 Iso o‘tirib, o‘n ikki shogirdini yoniga chaqirdi: — Kim birinchi bo‘lishni istasa, hammaning oxirida tursin va hammaga xizmatkor bo‘lsin, — dedi.
36 So‘ngra bir bolani olib, ularning o‘rtasiga turg‘izib qo‘ydi va bolani quchoqlagancha, shogirdlariga dedi:
37 — Kim shunday bolalardan birini Mening nomimdan qabul qilsa, u Meni qabul qilgan bo‘ladi. Kim Meni qabul qilsa, u Meni emas, balki Meni Yuborganni qabul qilgan bo‘ladi.
38 Yuhanno Isoga dedi: — Ustoz! Biz bir odamni ko‘rdik. U Sizning nomingiz bilan jinlarni quvib chiqarayotgan ekan. U biz bilan yurmagani uchun unga bunday qilishni man etdik.
39 Iso shunday dedi: — Man etmang! Chunki Mening nomim bilan mo‘jiza yaratgan biror bir kimsa darrov Meni yomonlay olmaydi.
40 Kim bizga qarshi bo‘lmasa, u biz tomonda.
41 Sizlarga chinini aytay: Masihga tegishli bo‘lganingiz uchun sizga bir piyola suv bergan har qanday odam albatta mukofotini oladi.
42 Iso so‘zida davom etib dedi: — Menga ishongan shu kichiklarning birontasini yo‘ldan ozdirgan odamning holiga voy. Bunday qilgandan ko‘ra, o‘sha odamning bo‘yniga tegirmon toshini osib, uni dengizga tashlashgani o‘zi uchun yaxshiroq bo‘lardi.
43 43Agar yo‘ldan ozishingga qo‘ling sababchi bo‘lsa, uni chopib tashla. Ikki qo‘ling bilan so‘nmas do‘zax o‘tiga yo‘liqqaningdan ko‘ra, mayib bo‘lib abadiy hayotdan bahramand bo‘lganing yaxshiroqdir.
44 Do‘zaxning qurti ham o‘lmas, olovi ham so‘nmas.
45 45Agar yo‘ldan ozishingga oyog‘ing sababchi bo‘lsa, uni chopib tashla. Ikki oyog‘ing bilan do‘zaxga tashlangandan ko‘ra, cho‘loq bo‘lib abadiy hayotdan bahramand bo‘lganing yaxshiroqdir
46 Do‘zaxning qurti ham o‘lmas, olovi ham so‘nmas.
47 Agar yo‘ldan ozishingga ko‘zing sababchi bo‘lsa, uni o‘yib tashla. Ikki ko‘zing bilan do‘zaxga tashlangandan ko‘ra, bir ko‘z bilan Xudoning Shohligiga kirganing yaxshiroqdir.
48 Do‘zaxning qurti ham o‘lmas, olovi ham so‘nmas.
49 Har bir odam olovda tuzlanib, poklanadi.
50 Tuz — yaxshi narsa. Lekin tuz o‘z sho‘rligini yo‘qotsa, qanday qilib tuzni sho‘r qila olasizlar?! Tuzday totli bo‘linglar, o‘zaro tinch– totuv yashanglar.
Mark Muqaddas xushxabar: 9 Bob
MakDonaldning Injil kitobiga o'zbek tilidagi sharhlari
IV. XIZMATKORNING QUDDUSGA SAFARI (9-10-boblar)
A. Xizmatkorning o‘zgarishi (9:1−13)
Shogirdlariga O‘zi yurishi lozim bo‘lgan sharmandalik, azob-uqubat va o‘lim yo‘lini ko‘rsatib, ularni fidokorlik va o‘zini inkor qilish orqali O‘ziga ergashishga da’vat etgan Rabbimiz bu yerda tanganing boshqa tomonini ko‘rsatadi. Garchi bu hayotda shogirdlik ularga qimmatga tushsa-da, u ulug‘vorlikda ko‘p karra mukofotlanadi.
9:1−7 Rabbimiz ba’zi shogirdlari Xudoning Shohligi qudrat bilan kelganini ko‘rmaguncha o‘limni tatib ko‘rmasliklari haqida ogohlantirish bilan boshladi. U Butrus, Yoqub va Yuhannoni nazarda tutgan edi. Ular O‘zgarish tog‘ida Xudoning Shohligini qudrat bilan ko‘rdilar. Bu joyning ma’nosi shunday: Masih nomi uchun hozir chekayotgan barcha azob-uqubatlarimiz, U O‘z xizmatkorlari bilan ulug‘vorlikda qaytib kelganida mo‘l-ko‘l taqdirlanaadi. Tog‘dagi bu holat Masihning Ming yillik Shohligining ramzi edi.
1. Iso o‘zgardi - Uning butun vujudidan ko‘zni qamashtiruvchi nur taralardi. Hatto Uning kiyimlari ham yer yuzidagi hech bir oqlovchi oqlay olmaydigan darajada oppoq va yarqiroq bo‘lib ketdi. Isoning birinchi kelishidagi ulug‘vorligi yashirin edi. U g‘am-anduhli Inson, xor qilingan va azob chekkan holda kelgan edi. Ammo U ulug‘vorlik bilan qaytadi. Shunda hech kim Uni ko‘rib adashmaydi. Hamma Uni podshohlarning Podshohi va hokimlarning Hokimi deb tan oladi.
2. Ilyos va Muso U bilan birga edilar. Ular quyidagilarni ifodalaydi: a) Eski Ahddagi avliyolarni, yoki b) Qonun (Muso) va payg‘ambarlarni (Ilyos), yoki v) o‘zgartiriladigan vafot etgan avliyolarni.
3. U yerda Butrus, Yoqub va Yuhanno ham bor edi. Ular Yangi Ahddagi muqaddas kishilarni yoki Shohlik o‘rnatilgan paytda yashaydigan kishilarni ifodalashi mumkin.
4. Markaziy shaxs Iso edi. Butrusning uchta chayla qurish haqidagi taklifiga javoban, osmondan buni man etuvchi ovoz keldi. Masih hamma narsada ustun bo‘lishi kerak. U yurtning ulug‘vorligi - Immanuel bo‘ladi.
5. Bulut - ehtimol, "shekina," ya’ni ulug‘vorlik buluti bo‘lib, u Eski Ahd davrida Ma’badning Eng muqaddas joyida joylashgan edi. Bu Xudoning huzurining ko‘rinarlı ifodasi edi.
6. Ovoz Ota Xudoning ovozi bo‘lib, U Masihni sevikli O‘g‘il deb tasdiqlayotgan edi.
9:8 Bulut tarqalgach, shogirdlar yolg‘iz Isodan boshqa hech kimni ko‘rishmadi. Bu, Isoning Shohligi qudrat bilan kelganida egallaydigan yagona, sharafli va oliy o‘rnining tasviridir. U hozir ham izdoshlari qalbida shunday o‘rin egallashi lozim.
9:9−10 Ular tog‘dan tushayotganlarida, Inson O‘g‘li o‘liklar orasidan tirilmaguncha, ko‘rgan narsalarini hech kimga aytmasliklarini buyurdi. Bu so‘nggi fikr ularni hayratga soldi. Ehtimol, ular hali ham Isoning o‘ldirilishi va qayta tirilishini tasavvur qila olmasdilar. Ular "o‘liklar orasidan tirilmoq" iborasi nimani anglatishini tushunishmadi. Yahudiylar singari ular hammaning qayta tirilishini bilardilar. Ammo Iso tanlab olish bilan bog‘liq tirilish haqida gapirgan edi. U ko‘p o‘liklar orasidan tiriladi - hamma ham U bilan birga tirilmaydi. Bu haqiqat faqat Yangi Ahdda uchraydi.
9:11 Shogirdlar oldida yana bir muammo paydo bo‘ldi. Ular hozirgina Shohlikning dastlabki manzarasini ko‘rishdi. Ammo Malaxi payg‘ambar Ilyos Masihdan oldin kelib, tiklashni boshlab, Uning butun dunyoviy Shohligini o‘rnatish uchun yo‘l tayyorlashi kerakligini bashorat qilmaganmidi? Ilyos qani? Ulamolar aytganidek, u oldin keladimi?
9:12−13 Iso bu savolga shunday javob berdi: "To‘g‘ri, Ilyos oldin kelishi kerak. Ammo shu o‘rinda yanada muhimroq savol tug‘iladi: Qadimgi Bitiklarda Inson O‘g‘li buyuk azob-uqubatlarga duchor bo‘lishi va xo‘rlanishi kerakligi bashorat qilinmaganmi?"
Ilyosga kelsak, Ilyos (Yahyo cho‘mdiruvchining shaxsi va xizmatida) kelgan, ammo odamlar unga o‘zlari xohlaganidek munosabatda bo‘lishgan - xuddi Ilyosga qilganlari kabi. Yahyo cho‘mdiruvchining o‘limi odamlarning Inson O‘g‘liga qanday munosabatda bo‘lishlaridan darak berardi. Ular yo‘l ochuvchini rad etdilar, ular Podshohni ham rad etadilar."
B. Jin chalgan bolaning shifo topishi (9:14−29)
9:14−16 Shogirdlar ulug‘vorlik tog‘ining cho‘qqisida qolmasliklari kerak edi. Pastda, vodiyda ularni dard chekayotgan insoniyat kutib turardi. Oyoqlari ostida esa muhtojlik dunyosi yastanib yotardi. Iso uch shogirdi bilan tog‘ etagiga tushganida, ulamolar, olomon va boshqa shogirdlar qizg‘in bahslashayotgan edilar. Rabbimiz paydo bo‘lishi bilanoq, suhbat to‘xtadi va xalq Uning oldiga yugurdi. Iso: "Shogirdlarim bilan nima haqida bahslashyapsizlar?" deb so‘radi.
9:17−18 Qayg‘udan ezilgan ota hayajon bilan Rabbimizga soqov jin chalgan o‘g‘li haqida so‘zlab berdi. Jin uni yerga yiqitib, tishlarini g‘ijirlattirar va og‘zidan ko‘pik keltirardi. Bu dahshatli tutqanoqdan bola asta-sekin halok bo‘lmoqda edi. Ota shogirdlarga murojaat qilgan, ammo ular yordam bera olmagandilar.
9:19 Iso shogirdlarini ishonchsizliklari uchun koyidi. Axir U ularga jinlarni quvish qudratini bermaganmidi? Qachongacha U ular bilan bo‘lishi kerak edi, toki ular O‘zi bergan qudratdan foydalangunlaricha? Qachongacha ularning ojizlik va mag‘lubiyat hayotiga chidashi kerak edi?
9:20−23 Bolani Rabbimiz oldiga olib kelishganida, jin uni yana qattiq tutqanoqqa soldi. Rabbimiz otasidan bu ahvol qachondan beri davom etayotganini so‘radi. Ota bolaligidan beri ekanini tushuntirdi. Tutqanoq paytida jin ko‘pincha bolani olovga va suvga tashlardi. U bir necha bor o‘lim yoqasida bo‘lgan edi. So‘ng ota Rabbimizdan rahm qilib, iloji bo‘lsa yordam berishini so‘radi. Bu yillar davomida azob chekkan qalbning nidosi edi. Iso javob berib, masala Uning shifo bera olishida emas, balki otaning ishonishida ekanini aytdi. Tirik Xudoga bo‘lgan ishonch doimo mukofotlanadi. U uchun imkonsiz narsa yo‘q.
9:24 Ota Xudoning xalqi har doim duch keladigan ishonch va ishonchsizlik qarama-qarshiligini ifodaladi: "Ishonaman, Rabbim! Ishonchsizligimni yengishga yordam ber!" Biz ishonishni xohlaymiz, ammo shubhalar bizni qamrab oladi. Bu ichki, asossiz ziddiyatdan nafratlanamiz va unga qarshi samarasiz kurashayotgandek bo‘lamiz.
9:25−27 Iso yovuz jinni man etib, boladan chiqib ketishni buyurganida, yana bir dahshatli tutqanoq yuz berdi, so‘ng kichkina tana o‘likday bo‘shashib qoldi. Rabbimiz uni ko‘tarib, otasiga qaytardi.
9:28−29 Keyinroq, Rabbimiz shogirdlari bilan uyda yolg‘iz qolganida, ular Undan nima uchun jinni quvib chiqara olmaganliklarini so‘rashdi. U ba’zi mo‘jizalar ibodat va ro‘zani talab qilishini aytdi. Xizmatimizda qaysi birimiz vaqti-vaqti bilan mag‘lubiyat va muvaffaqiyatsizlikka duch kelmaymiz? Tinimsiz va vijdonan mehnat qilsak-da, Xudoning Ruhi kuch bilan ishlayotganini ko‘rmaymiz. Qutqaruvchimizning: "Bu toifa..." va hokazo so‘zlarini ham eshitamiz.
D. Iso yana O‘z o‘limi va tirilishini bashorat qiladi (9:30−32)
9:30 Rabbimiz Qaysariya Filippini kesib o‘tib, Jaliladan o‘tdi. Bu yo‘l Uni Quddusga va xochga olib borardi. U sezdirmasdan sayohat qilishni istardi. U ommaviy xizmatini asosan yakunlagan edi. Endi U vaqtini shogirdlariga ta’lim berib, ularni kelgusi voqealarga tayyorlab o‘tkazardi.
9:31−32 U ularga ochiq-oydin xiyonat qilinib, o‘ldirilishini va uchinchi kuni qayta tirilishini aytdi. Ular negadir Uning so‘zlarini tushunmadilar, so‘rashga esa qo‘rqdilar. Biz ham ko‘pincha so‘rashdan qo‘rqib, barakadan mahrum bo‘lamiz.
E. Shohlikdagi ulug‘vorlik (9:33−37)
9:33−34 Ular Kafarnahumga, qolishlari kerak bo‘lgan uyga kelganlarida, Iso yo‘lda o‘zaro nima haqida gaplashganlarini so‘radi. Shogirdlar ulardan qaysi biri ulug‘roq ekani haqida bahslashganlarini tan olishdan uyaldilar. Ehtimol, Isoning o‘zgarishi ularning yaqinlashib kelayotgan Shohlik haqidagi umidlarini jonlantirgan va ular o‘zlariga faxrli o‘rinlarni tanlashayotgan edilar. Iso ularga O‘z o‘limi yaqinlashayotgani haqida gapirayotgan paytda, ular qaysi biri yaxshiroq ekanini aniqlashayotganini anglash og‘riqli edi. Yeremiyo aytganidek, insonning qalbi makkor va nihoyatda buzuqdir (Yeremiyo 17:9).
9:35−37 Ularning nima haqida bahslashganini bilib, Iso ularga kamtarlik saboq berdi. U birinchi bo‘lishning yo‘li - ixtiyoriy ravishda xizmatda eng quyi o‘rinni egallash va o‘zi uchun emas, boshqalar uchun yashash ekanini aytdi. U bir bolani ularning oldiga qo‘yib, bag‘riga bosdi. Uning nomidan eng kam e’tiborga sazovor kishilarga ko‘rsatgan mehrli munosabatimiz ulug‘lik ekani ta’kidladi. Bu Isoning O‘ziga va nafaqat Unga, balki Otasi Xudoga ham marhamat ko‘rsatish bilan barobar. "Ey, muborak Rabbimiz Iso, Sening ta’limoting mening nafsga berilgan qalbimni fosh etdi. Mening ’men’imni sindirgin va O‘zing hayotim orqali harakat qilgin."
F. Xizmatkor sektantlikni man etadi (9:38−42)
Bu bob muvaffaqiyatsizliklar bilan to‘la ko‘rinadi. Pyotrning O‘zgarish tog‘idagi so‘zlari o‘rinsiz edi (5-6-oyatlar). Shogirdlar soqov boladan jinni quvib chiqara olmadilar (18-oyat). Keyin ular o‘zlaridan kim eng ulug‘ ekani haqida bahslashdilar (34-oyat). 38−40-oyatlarda ularning mazhabparastlik ruhini namoyon qilganliklarini ko‘ramiz.
9:38 Sevimli shogird Yuhanno Iso nomi bilan jinlarni quvayotgan bir odamni uchratganlarini aytdi. Shogirdlar unga buni qilishni man etishdi, chunki u ular bilan birga emas edi. U odam soxta ta’limot tarqatmagan va gunohkor hayot kechirmagan edi. U shunchaki shogirdlarga qo‘shilmagan edi.
Ular mening "men"im sig‘maydigan doira chizishdi
Itoatsiz, bid’atchi - nafratlanishga arziydigan narsa bor;
Ammo muhabbat va mening "men"im g‘alaba qozonish uchun yetarlicha aqlga ega edi, -
Biz doirani ular uchun ham kengaytirdik.
9:39 Iso dedi: "Uni to‘xtatmanglar. Agar unda Menga ishonch yetarli bo‘lsa va Mening nomim bilan jinlarni quvsa, u Mening tarafimdadir va shaytonga qarshi kurashmoqda. U darhol Menga qarshi chiqib, Meni yomonlay olmaydi yoki Menga dushman bo‘la olmaydi."
9:40 40-oyat Matto 12:30 dagi Isoning: "Kim Men bilan birga bo‘lmasa, Menga qarshidir; kim Men bilan birga yig‘masa, sochadi", degan so‘zlariga zid ko‘rinadi. Lekin aslida bu yerda ziddiyat yo‘q. Mattoda Masih Xudoning O‘g‘limi yoki U jin kuchiga egami, degan savol ko‘tarilgan edi. Bunday asosiy masalada Iso bilan birga bo‘lmagan har bir kishi Unga qarshi ish tutgan.
Bu oyatda Masihning shaxsiyati yoki ishlari haqida emas, balki Rabbimizga xizmat qilishda hamkorlik haqida gap ketyapti. Bu yerda bag‘rikenglik va muhabbat bo‘lishi kerak. Kimning xizmati Masihga qarshi yo‘naltirilmagan bo‘lsa, u shaytonga qarshi harakat qiladi va shu sababli Masih tomonidadir.
9:41 Masih nomi bilan qilingan eng kichik yaxshilik ham mukofotlanadi. Shogirdga beriladigan bir kosa suv, u Masihniki bo‘lgani uchun e’tibordan chetda qolmaydi. Uning nomi bilan jinni quvish ancha e’tiborli ishdir. Bir stakan suv berish oddiy hol. Ammo bularning ikkalasi ham, agar Xudoning ulug‘vorligi uchun qilinayotgan bo‘lsa, Uning nazarida qadrlidir. "Chunki sizlar Masihnikisizlar," mana shu rishta imonlilarni birlashtirishi kerak. Bu so‘zlar, agar e’tiborimizdan chetda qolmasa, bizni yakkalanish, mayda-chuyda tortishuvlar va xizmatimizdagi hasaddan xalos etadi.
9:42 Rabbning xizmatchisi o‘z so‘zlari yoki harakatlari boshqalarga qanday ta’sir qilishini doimo hisobga olishi kerak. Imondoshingizga to‘siq bo‘lib, unga bir umrlik ruhiy zarar yetkazishingiz mumkin. Bunday odamning bo‘yniga tegirmon toshini osib, dengizga uloqtirgan ma’qul, chunki u kichkinalardan birini muqaddaslik va haqiqat yo‘lidan ozdirib qo‘yishi mumkin.
Shafqatsiz o‘z-o‘zini tarbiyalash (9:43−50)
9:43 Ushbu bobning keyingi oyatlari intizom va o‘zini tutishning zarurligini ta’kidlaydi. Haqiqiy shogirdlik yo‘liga kirgan har bir kishi tabiiy xohish va mayllari bilan doimo kurashishi lozim. Nafsga berilish halokatga olib keladi. Uni nazorat qilish ma’naviy g‘alabani ta’minlaydi.
Parvardigor qo‘l, oyoq va ko‘z haqida gapirib, vasvasaga tushib do‘zaxga tushgandan ko‘ra ularni yo‘qotish afzalroq ekanini tushuntirgan. Maqsadga erishish har qanday qurbonlikka arziydi.
Qo‘l - ishlarimizning, oyoq - yurishimizning, ko‘z esa - istaklarimizning ramzidir. Bular potensial xavf zonalaridir. Agar ularga nisbatan qat’iy bo‘lmasak, abadiy halokatga olib kelishi mumkin.
Bu joy haqiqiy mo‘minlar halok bo‘lib, do‘zaxda abadiy qolishi mumkinligini o‘rgatyaptimi? Kontekstdan tashqarida olingan bu oyatlar shunday fikrga olib kelishi mumkin. Ammo butun Yangi Ahd ta’limotidan xulosa qilishimiz mumkinki, do‘zaxga tushadigan har bir kishi hech qachon haqiqiy nasroniy bo‘lmagan. Inson qayta tug‘ilganini aytishi va ma’lum vaqt davomida yaxshi tashqi guvohlikni saqlashi mumkin.
Ammo bunday odam o‘z nafsiga erk bersa, u hech qachon najot topmagan bo‘ladi.
9:44−48 Parvardigor do‘zax haqida, uning qurti o‘lmaydigan va olovi o‘chmaydigan joy sifatida qayta-qayta gapiradi. (Uch marta (44, 46, 48-oyatlar) Parvardigor Ishayo 66:24 ni keltirib, do‘zaxda abadiy qolish xavfidan ogohlantiradi.) Bu juda jiddiy eshitiladi. Agar biz bunga chindan ham ishonganimizda edi, moddiy narsalar uchun emas, balki o‘lmas jon uchun yashay boshlagan bo‘lardik. "Ruhlarga shafqat ber, ey Rabbim!"
Yaxshiyamki, axloqiy sabablarga ko‘ra qo‘l yoki oyoqni kesish yoki ko‘zni o‘yib olishning hojati yo‘q. Iso bizga bunday keskin choralarni qo‘llashni maslahat bermagan. U faqat bu a’zolarni suiiste’mol qilib, do‘zaxga tushgandan ko‘ra, ulardan foydalanishni qurbon qilish afzalligini aytgan.
9:49 49-50-oyatlar ayniqsa qiyin. Shuning uchun ularni jumlama-jumla ko‘rib chiqamiz. "Chunki har kim olov bilan tuzlanadi." Asosiy uchta savol bor: (1) Bu yerda qanday olov haqida gap ketyapti? (2) "Tuzlanadi" so‘zi nimani anglatadi? (3) "Har kim" so‘zi najot topganlarga, topmagonlarga yoki ikkalasiga ham taalluqlimi? Olov do‘zaxni (44, 46, 48-oyatlardagi kabi) yoki har qanday hukmni, shu jumladan imondorning ishlari ustidan Xudoning hukmini, shuningdek o‘z-o‘zini hukm qilishni anglatishi mumkin.
Tuz saqlaydi, tozalaydi va ta’m beradi. Sharq mamlakatlarida u yana sadoqat, do‘stlik va va’daga vafodorlik ramzidir.
Agar "har kim" najot topmagonlarga tegishli bo‘lsa, ular do‘zax o‘tida saqlanadi, ya’ni abadiy azobga duchor bo‘ladi, degan fikr tug‘iladi. Agar "har kim" imondorlarga taalluqli bo‘lsa, bu joyga asoslanib, ular: (1) bu hayotda Ilohiy intizom olovi bilan tozalanishlari; yoki (2) o‘zini tarbiyalash va o‘zidan voz kechish orqali buzilishdan saqlanishlari; yoki (3) Masihning sudida sinovdan o‘tishlari kerak.
"Va har qanday qurbonlik tuz bilan tuzlanadi." Bu so‘zlar Levilar 2:13 dan keltirilgan (Shuningdek, Sahroda 18:19; 2-Solnomalar 13:5 ga qarang). Tuz, Xudo va Uning xalqi o‘rtasidagi ahdning ramzi bo‘lib, xalqqa ahdni buzmaslik kerakligini eslatib turishi lozim. Tanamizni Xudoga tirik qurbonlik sifatida taqdim etar ekanmiz (Rimliklarga 12:1-2), qurbonlikka tuz sepib, bir marta va abadiy bag‘ishlanishimiz kerak.
9:50 "Tuz - yaxshi narsa." Masihiylar - yerning tuzidir (Matto 5:13). Xudo ularning dunyoga ta’siri sog‘lom va tozalovchi bo‘lishini kutadi. Ular shogirdlik qilar ekanlar, barchaga baraka keltirishadi.
"Agar tuz o‘z kuchini yo‘qotsa, uni nima bilan tuzatasiz?" Kuchini yo‘qotgan tuzning qadri qolmaydi. Haqiqiy shogird sifatida o‘z vazifalarini bajarmaydigan masihiy samarasiz va befoyda bo‘ladi. Masihiylik hayotini yaxshi boshlashning o‘zi yetarli emas. Xudoning farzandi hayotida doimiy va radikal o‘z-o‘zini nazorat qilish bo‘lmasa, u Xudo uni qutqargan maqsadga erisha olmaydi.
"O‘zingizda tuz bo‘lsin." Dunyoda Xudoning tuzi bo‘ling. Masihning ulug‘vorligi yo‘lida unga ijobiy ta’sir ko‘rsating.
Hayotingizda U uchun samaradorligingizni pasaytirishi mumkin bo‘lgan har qanday narsaga murosasiz bo‘ling.
"Va o‘zaro tinchlikda bo‘ling." Shubhasiz, bu yerda 33- va 34-oyatlarga ishora qilingan bo‘lib, shogirdlar o‘zlaridan qaysi biri buyukroq ekani borasida bahslashgan. G‘ururni chetga surib, uning o‘rniga hamma uchun kamtarona xizmat qilish kerak.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, 49- va 50-oyatlarda imondor kishining hayoti Xudoga qurbonlik sifatida tasvirlangan. U olov bilan tuzlangan, ya’ni unga o‘z-o‘zini nazorat qilish va o‘zidan voz kechish xosdir. U tuz bilan tuzlangan, ya’ni Xudoga bo‘lgan sadoqatning kafolatidir. Agar mo‘min o‘z majburiyatlarini bajarishdan bosh tortsa yoki gunohkor nafsini qat’iy nazorat qila olmasa, uning hayoti bemaza, qadrsiz va mazmunsiz bo‘ladi. Shuning uchun, u Xudo tomonidan topshirilgan vazifani bajarishga to‘sqinlik qiladigan har qanday narsani hayotidan yo‘q qilishi, shuningdek, imondoshlari bilan tinch-totuv munosabatda bo‘lishi lozim.