Mark Muqaddas xushxabar: 10 Bob

MakDonaldning Injil kitobiga o'zbek tilidagi sharhlari

I. Nikoh va ajralish (10:1−12)

10:1 Rabbimiz Jaliladan chiqib, janubi-sharqqa, Iordan daryosining sharqiy tomonidagi Pereya viloyatiga yo‘l oldi. Uning Pereyadagi xizmati 10:45 gacha davom etadi.

10:2 Uni tezda farziylar topadilar. Ular bo‘rilar galasi kabi o‘ljaga ergashishdi. Uni tuzoqqa tushirmoqchi bo‘lib, ajrashish mumkinmi, deb so‘rashdilar. Iso ularga Tavrotni ko‘rsatdi. Muso nimani amr etgan?

10:3−9 Ular Muso ruxsat berganini aytib, Uning savolidan chetlashdilar. U erkakning xotiniga taloq xatini yozish sharti bilan ajrashishiga ruxsat bergan. Ammo Xudoning niyati bunday emasdi; faqat inson qalbining toshbag‘irligi tufayli ajralishga ruxsat berilgan. Ilohiy niyat bo‘yicha erkak va ayol bir umrga birlashishlari kerak edi. Bu amr Xudo tomonidan erkak va ayolning yaratilishiga borib taqaladi.

Erkak ota-onasini tashlab, xotini bilan birlashishi lozim, toki ular bir tan bo‘lsinlar. Xudo birlashtirgan narsani inson hukmi bilan ajratib bo‘lmaydi.

10:10 Buni hatto shogirdlari ham qabul qilishi qiyin bo‘lgan ko‘rinadi. O‘sha davrda ayollarning huquqiy himoyasi va hurmati yo‘q edi. Ko‘pincha ularga deyarli nafrat bilan munosabatda bo‘lishardi. Erkak kishi xotinidan norozi bo‘lsa, ajrashishi mumkin edi. Ayolning hech qanday huquqi yo‘q edi. Ko‘pincha unga mulk sifatida qarashardi.

10:11−12 Shogirdlar Rabbdan xuddi shu savolni so‘raganlarida, U to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajrashgandan keyin qayta turmush qurish, ajrashishga aybdor erkak yoki ayol bo‘lishidan qat’i nazar, zino ekanligini aytdi. Ushbu oyatni alohida ko‘rib chiqib, har qanday holatda ham taloq taqiqlangan, degan xulosaga kelish mumkin. Biroq, Matto 19:9 da Iso istisno qiladi. Er-xotindan biri xiyonatda aybdor bo‘lgan holda, ikkinchisiga ajrashish va shuning uchun qayta turmush qurish uchun erkin bo‘lishga ruxsat beriladi. Shuningdek, 1 Korinfliklar 7:15 da, imonsiz turmush o‘rtog‘i imondor eshtoshini tark etsa, ajrashishga ruxsat berilgan.

Ajralish va umuman qayta nikoh mavzusi bo‘yicha qiyinchiliklar bor, albatta. Ba’zida oilaviy munosabatlar shunchalik chigallashib ketadiki, uni hal qilish uchun Sulaymonning donoligi kerak bo‘ladi. Chalkashlikdan qochishning eng yaxshi yo‘li ajrashishdan qochishdir. Taloq hayotga soya soladi va unga aloqador bo‘lganlar oldiga ko‘plab savollar qo‘yadi. Ajrashgan kishi mahalliy jamoatga a’zo bo‘lishni istasa, oqsoqollar bu masalani Xudodan qo‘rqib ko‘rib chiqishlari kerak. Har bir holat bir-biriga o‘xshamaydi va alohida ko‘rib chiqilishi lozim.

Ushbu parcha shuni ko‘rsatadiki, Masih nafaqat nikoh rishtalarining muqaddasligi, balki ayollarning huquqlari haqida ham qayg‘urgan. Masihiylik ayollarga munosib hurmat bilan munosabatda bo‘ladi, buni boshqa dinlarda uchratmaysiz.

J. Iso bolalarni duo qilmoqda (10:13−16)

10:13 Bu yerda biz Rabbimiz Isoning bolalarga g‘amxo‘rligini ko‘ramiz. Shogirdlar Ustoz va Cho‘ponning duosini olish uchun farzandlarini olib kelgan ota-onalarga yo‘l bermasdilar.

10:14−16 Xudovand g‘azablanib, Xudoning Shohligi yosh bolalar va bolalar kabi imonli va kamtarin bo‘lganlarga tegishli ekanligini aytdi. Shohlikka kirish uchun, kattalar yosh bolalarga o‘xshashlari kerak. Jorj Makdonald eshik oldida o‘ynayotgan o‘g‘il-qizlar bo‘lmasa, xristian diniga e’tiqod qilmasligini takrorlashni yaxshi ko‘rardi. Shubhasizki, bu oyatlar Xudoning xizmatchisida taassurot qoldirishi kerak: bolalarga Xudoning Kalomini yetkazish naqadar muhim. Bolalarning aqli nihoyatda egiluvchan va ta’sirchan bo‘ladi. U. Grexem Skroggi shunday degan: "Bolalar uchun eng yaxshisi bo‘ling va ularga eng yaxshisini bering."

I. Boy yigit (10:17−31)

10:17 Ko‘rinib turibdiki, boy odam samimiy savol bilan Rabbimiz huzuriga kelgan. U Isoni "yaxshi Ustoz" deb atab, abadiy hayotga ega bo‘lish uchun nima qilish kerakligini so‘radi.

10:18 Iso "yaxshi Ustoz" so‘zlariga to‘xtaldi. U bu unvondan voz kechmadi, balki insonning imonini sinash uchun undan foydalandi. Yaxshilik faqat Xudoga xosdir. Boy odam Rabbimiz Iso Masihni Xudo deb tan olishni xohlaganmi? Aniqki, yo‘q.

10:19−20 Keyin Xaloskor gunohni bilish uchun qonundan foydalandi. Bu odam Shohlikni xizmat qilish orqali meros qilib olish mumkin, deb o‘zini ishontirgan. Unday bo‘lsa, nima qilish kerakligini ko‘rsatadigan qonunni bajarsin. Rabbimiz unga beshta amrni eslatdi, ular asosan yaqinlarimiz bilan munosabatlarimizga taalluqli. Aslida, bu amrlarda shunday deyilgan: "Yaqiningni o‘zingni sevganingdek sev." U kishi bu amrlarni yoshligidan bajarib kelayotganini aytdi.

10:21−22 Ammo u haqiqatan ham o‘z yaqinini o‘zini sevgandek sevarmidi? Agar shunday bo‘lsa, butun mol-mulkini sotib, pulini kambag‘allarga tarqatib, buni isbotlasin. O, bu butunlay boshqa gap! U xafa bo‘lib ketdi, chunki uning katta mulki bor edi.

Rabbimiz Iso Masih insonning o‘z mulkini sotib, uni xayr-ehson qilish orqali najot topishi mumkinligini nazarda tutmagan. Najotning yagona yo‘li - Xudoga imon keltirishdir. Biroq, najot topish uchun inson o‘zining gunohkor ekanligini va Xudoning muqaddas talablariga javob bermasligini tan olishi lozim. Parvardigor insonni gunohkor ekanligiga ishontirish uchun o‘nta amrni ko‘rsatdi. Boy yigitning o‘z mol-mulkini ulashishni istamasligi uning o‘z yaqinini o‘zini sevgandek sevmasligini ko‘rsatdi. U shunday deyishi kerak edi: "Ey Rabbim, agar shuni talab qilsang, men gunohkorman. Men o‘z kuchim bilan o‘zimni qutqara olmayman. Shuning uchun iltimos qilaman: marhamating bilan meni qutqargin." Ammo u o‘z mulkini haddan ziyod sevardi. Undan voz kechishni istamadi. U o‘z mol-mulkini saqlab qolishni afzal ko‘rdi.

Iso bu odamga hamma narsani sotishni taklif qilganida, bu usulni najot yo‘li sifatida ko‘rsatmagan. U odamga Xudoning qonunini buzganini va shu sababli najotga muhtojligini ko‘rsatdi. Agar u bu ko‘rsatmaga amal qilganida, unga najot yo‘li berilgan bo‘lardi.

Biroq shu o‘rinda yana bir savol tug‘iladi. Biz, imonlilar, yaqinlarimizni o‘zimizni sevgandek sevishimiz kerakmi? Iso bizga: "Bor-yo‘g‘ingni sotib, kambag‘allarga tarqat, shunda samoda xazinaga ega bo‘lasan; va kelib, xochni ko‘tarib, Mening orqamdan ergashgin," deyaptimi? Har kim o‘zi uchun javob berishi kerak, lekin avval quyidagi inkor etib bo‘lmaydigan faktlarni ko‘rib chiqaylik:

1. Har kuni minglab odamlar ochlikdan halok bo‘ladi.

2. Yer yuzi aholisining yarmidan ko‘pi hech qachon Xushxabarni eshitmagan.

3. Moddiy boyliklarimizdan odamlarning ma’naviy va jismoniy ehtiyojlarini yengillashtirish uchun foydalanish mumkin.

4. Masihning ibrati bizga boshqalarning boy bo‘lishi uchun kambag‘al bo‘lishimiz kerakligini o‘rgatadi (2Kor 8:9).

5. Hayotimiz qanchalik qisqa ekanini va Masihning kelishi qanchalik yaqinligini bilgan holda, xulosa qilishimiz kerak: hozir mablag‘larimizni Xudoning ishiga sarflashimiz lozim. U kelganda, juda kech bo‘ladi.

10:23−25 Iso boy odamning olomon orasida g‘oyib bo‘lganini ko‘rib, boylarning Xudoning Shohligiga kirishi qiyinligini ta’kidladi. Shogirdlar bu gapdan hayratga tushdilar, chunki ular boylikni Xudoning ne’mati deb bilishga o‘rganishgan edi. Shuning uchun Iso: "Bolalarim! Boylikka umid bog‘laganlar uchun Xudoning Shohligiga kirish naqadar qiyin! Darhaqiqat, - deb davom etdi U, - boy odam Xudoning Shohligiga kirgandan ko‘ra, tuyaning igna teshigidan o‘tishi osonroqdir."

10:26−27 Bu shogirdlarda quyidagi savolni keltirib chiqardi: xo‘sh, kim najot topishi mumkin? Qonun ostida yashagan yahudiylar sifatida, ular boylikni Xudoning barakasi belgisi deb hisoblashardi. Muso qonuniga ko‘ra, Xudo itoatkorlarga farovonlik va’da qilgan edi. Bundan shogirdlar shunday xulosaga kelishlari kerak edi: agar boy odam Shohlikka kira olmasa, hech kim kira olmaydi. Iso, insonlar uchun imkonsiz bo‘lgan narsalar Xudo uchun imkonli ekanini aytdi. Bu parchani o‘rganib qanday xulosaga kelamiz?

Eng avvalo, boy odamlarning najot topishi juda qiyin (23-oyat), chunki ular o‘z boyliklarini Xudodan ko‘ra ko‘proq sevadilar. Ular pullaridan ko‘ra Xudodan ko‘proq voz kechishadi. Ular Parvardigorga emas, balki mol-mulklariga suyanishadi. Ular shunday holatda qolsalar, najot topa olmaydilar. Darhaqiqat, Eski Ahdda boylik Xudoning marhamati belgisi edi. Lekin hozir ahvol o‘zgardi. Boylik Xudoning barakasi belgisi emas, balki insonning Xudoga sodiqligini sinovdan o‘tkazish vositasiga aylandi.

Tuyaning igna teshigidan o‘tishi boy odamning Shohlik darvozasidan kirishiga qaraganda osonroqdir. Boshqacha aytganda, boy odam najot topa olmaydi. Bu yerda kimdir, oddiy qilib aytganda, hech kim najot topa olmaydi, deb e’tiroz bildirishi mumkin. Bu to‘g‘ri. Ammo bu boy odam misolida yanada ko‘proq haqiqatdir. U kambag‘al xayoliga ham keltira olmaydigan qiyinchiliklarga duch keladi. Mammon hokimiyati uning qalb taxtidan ag‘darilishi va u Xudo oldida tilanchi sifatida turishi kerak. Bunday o‘zgarishni inson kuchi bilan amalga oshirib bo‘lmaydi. Buni faqat Xudo qila oladi.

Yer yuzida xazina to‘playdigan masihiylar, odatda farzandlarining hayotidagi itoatsizliklari uchun javob berishadi. Bunday oilalarning farzandlari kamdan-kam hollarda Rabbimiz bilan to‘g‘ri munosabatda bo‘ladilar.

10:28−30 Butrus Xaloskor ta’limotining mohiyatini tushunib yetdi. U Iso: "Hamma narsani qoldirib, Mening orqamdan yuringlar," deganini angladi. Iso uning so‘zlari to‘g‘riligini tasdiqlab, U va Xushxabar yo‘lida hamma narsadan voz kechgan kishiga hozir va abadiyatda mukofot va’da qildi.

1. Hozirgi mukofot o‘n ming foizni tashkil etadi, lekin pul bilan emas, balki:

a) Rabbimizning xizmatkorlariga boshpana bergan kishilarning uylari;

b) aka-ukalar, opa-singillar, otalar, onalar va bolalar - masihiy do‘stlar, ular bilan muloqot hayotni boyitadi;

v) u Podshoh nomi bilan da’vo qilayotgan yerlar - dunyo mamlakatlari;

g) quvg‘inlar - ular hozirgi mukofotning bir qismidir. Agar inson Iso uchun azob chekishga loyiq bo‘lsa, bu quvonchga sabab bo‘ladi.

2. Kelgusi mukofot - abadiy hayotdir. Bu barcha narsani tashlab, abadiy hayotni qo‘lga kiritamiz degani emas. Abadiy hayot - in’omdir. Bu yerda hamma narsani tark etganlar mukofot sifatida osmonda abadiy hayotdan yanada ko‘proq lazzatlanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar, degan fikr yotadi. Barcha imonlilar bu hayotga ega bo‘ladilar, lekin hammasi ham undan bir xil darajada bahramand bo‘lavermaydi.

10:31 So‘ng Rabbimiz ogohlantirish qo‘shdi: "Ko‘pchilik birinchilar oxirgi, oxirgilar esa birinchi bo‘ladi." Shogirdlik yo‘lidagi yaxshi boshlanish hali hammasi emas. Marraga qanday yetib kelishimiz hisobga olinadi.

Ayensayd shunday dedi:

"Sodiq va o‘zini bag‘ishlagan izdosh bo‘lishga va’da berganlarning barchasi ham oxirigacha Masih nomi uchun o‘zini qurbon qilish yo‘lidan bormaydi. Orqada qolgandek ko‘ringan, bag‘ishlanishiga shubha qilinganlar ham bo‘ladi, lekin ular sinov paytlarida sadoqat va fidoyilikni saqlab qoladilar." (Harry A. Ironside, Mark Xushxabariga sharhlar, 157-bet.)

K. Xizmatkorning azob-uqubatlari haqidagi uchinchi bashorat (10:32−34)

10:32 Quddusga yo‘l olish vaqti keldi. Rabbimiz Iso Masihning bu yo‘li Getsemaniyaning qayg‘u va azob-uqubatlariga, xochning sharmandaligi va azobiga olib borardi. O‘sha paytda Uni qanday his-tuyg‘ular qamrab olgan edi? Buni "Iso ulardan oldinda yurardi" degan so‘zlardan ham anglash mumkin emasmi?

U Xudoning irodasini bajarishga qat’iy ahd qilib, buning qanchalik qimmatga tushishini to‘la anglardi. U yolg‘iz edi - shogirdlardan oldinroqda yolg‘iz borardi. Va U quvonchga to‘lgan edi - Otasining irodasini bajarayotganini anglashdan keladigan chuqur, boqiy quvonch, kelgusi ulug‘vorlikning quvonchli istiqboli, O‘z Kelinchagini qutqarish quvonchi. U O‘zini kutayotgan quvonchni bilardi, shu bois sharmandalikka e’tibor bermay, xochga qarab yurdi.

Uning oldinda yurishini ko‘rib, biz ham hayratga tushamiz. Bizning mustahkam Yo‘lboshchimiz, imonimizning Boshlovchisi va Mukammallashtiruvchisi, ulug‘vor Rabbimiz, Ilohiy Shahzoda. Erdman yozadi:

"Keling, to‘xtab, Uning yuziga qaraylik. Xochga tomon shaxdam qadam tashlayotgan Xudoning O‘g‘li! Bu bizni Unga ergashishda yangi jasoratlarga undamaydimi; U biz uchun ixtiyoriy ravishda o‘limga ketayotganini ko‘rganimizda, qalbimizda muhabbat alangasi yonmaydimi; bu o‘limning ma’nosi va siri bizni hayratga solmaydimi?" (Erdman, Mark, 147-bet.)

Unga ergashgan shogirdlar vahimaga tushdilar. Ular Quddusdagi diniy rahbarlar Uning o‘limini istaganlarini bilishardi.

10:33−34 Iso birinchi marta shogirdlariga bo‘lajak voqealarni batafsil tasvirlab berdi. Ushbu bashoratli reja bizning oldimizda oddiy insondan ko‘ra ulug‘roq Zot turganidan dalolat beradi:

1. "Mana, biz Quddusga ko‘tarilmoqdamiz" (11:1 - 13:37).

2. "Inson O‘g‘li oliy ruhoniylar va ulamolarga topshiriladi" (14:1−2, 43−53).

3. "Uni o‘limga mahkum etadilar" (14:55−65).

4. "Va uni majusiylarga topshiradilar" (15:1).

5. "Va Uni haqorat qiladilar, uradilar, Unga tupuradilar va o‘ldiradilar" (15:2−38).

6. "Uchinchi kuni esa tiriladi" (16:1-11).

L. Birinchilik - xizmatda (10:35−45)

10:35−37 Uning yaqinlashib kelayotgan xochga mixlanishi haqidagi bu achchiq bashoratdan so‘ng, Yoqub va Yuhanno Unga o‘rinsiz iltimos bilan murojaat qilishdi. Ularning istagi ajoyib edi - axir ular Isoga yaqinroq bo‘lishni xohlashardi, lekin o‘z ulug‘vorligiga intilish, kamida, kamtarlikdan emas edi. Ular Iso tez orada O‘z Shohligini o‘rnatishiga ishonishlarini ko‘rsatdilar, vaholanki Uning kelgusi azob-uqubatlari haqida o‘ylashlari kerak edi.

10:38−39 Iso ulardan Uning azob-uqubatlari ramzi bo‘lgan kosasini icha olishlari va Uning cho‘mdirilishida ishtirok eta olishlari haqida so‘radi. Ular bunga qodir ekanliklarini aytishdi va U ularning haq ekanliklarini tasdiqladi. Ular Unga bo‘lgan sadoqatlari uchun azob chekishadi, Yoqub esa hatto shahid bo‘ladi (Havoriylar 12:2).

10:40 Ammo keyin U Shohlikdagi sharafli o‘rinlar shunchaki berilmasligini tushuntirdi. Ularga munosib bo‘lish kerak. Shu o‘rinda, Shohlikka kirishimiz inoyat orqali imon bilan mumkinligini, ammo Shohlikdagi o‘rnimiz Masihga bo‘lgan sadoqatimiz bilan belgilanishini eslatib o‘tish joiz.

10:41−44 Boshqa o‘nta shogird o‘zlaridan o‘zib ketishga uringan Yoqub va Yuhannoga g‘azablandilar. Biroq ularning g‘azabi o‘zlarida ham xuddi shunday ruh borligidan dalolat berardi. Bu Rabbimiz Iso Masihga hukmronlik borasida ularga ajoyib saboq berish imkonini yaratdi. Imonsizlar orasida dunyoning buyuklari o‘zboshimchalik bilan boshqaradi. Ular hukmronlik qiladilar va qo‘l ostidagilarni ezadilar. Ammo Masihning Shohligida birinchilikni xizmat belgilaydi. Kim birinchi bo‘lishni istasa, hamma uchun qul bo‘lsin.

10:45 Buning eng oliy namunasi Inson O‘g‘lining O‘zidir. U O‘ziga xizmat qildirishga emas, balki xizmat qilish va ko‘pchilikni qutqarish uchun O‘z jonini berish uchun kelgan. Bu haqda o‘ylab ko‘ring! U g‘ayritabiiy tarzda bu dunyoda tug‘ildi. Uning butun hayoti xizmatdan iborat edi. Va U jonini o‘rniga o‘ladigan qurbon sifatida berdi. Yuqorida ta’kidlanganidek, 45-oyat butun Xushxabarning kalit oyatidir. Bu qisqacha ilohiyot, dunyo bilgan eng buyuk hayot manzarasidir.

  1. Ko‘r Bartimayning shifo topishi (10:46−52)

    10:46 Shundan so‘ng voqealar Pereyadan Yahudiyaga ko‘chadi. Rabbimiz va uning shogirdlari Iordan daryosidan kechib o‘tib, Yerixon shahriga kirdilar. U yerda ular ko‘zi ojiz Vartimeyni uchratdilar. U o‘z ehtiyojini chuqur his qilgan va undan qutulishga qat’iy azm qilgan odam edi.

    10:47 Vartimey Rabbimizni Dovud O‘g‘li sifatida tan olib, uni shu nom bilan chaqirdi. Qanday kinoya! Isroil xalqi ko‘r bo‘lib, ularning orasida Masih borligini ilg‘amagan bir paytda, ko‘zi ojiz yahudiy haqiqiy ma’naviy ko‘rish qobiliyatiga ega edi!

    10:48−52 Uning shafqat so‘rab qilgan qat’iy iltijosi javobsiz qolmadi. Ko‘rish qobiliyatini so‘rab qilgan aniq iltijosiga aniq javob berildi. Uning minnatdorchiligi Isoning izidan ergashib, Quddusga so‘nggi safarida unga hamroh bo‘lganida namoyon bo‘ldi. Xochga ketayotgan Rabbimizning qalbi Yerixonda shunday imonni topganidan quvonch bilan to‘lgan bo‘lsa kerak. Yaxshiyamki, Vartimey aynan o‘sha kuni Rabbiga iltijo qildi, chunki Najotkor bu yo‘ldan boshqa hech qachon o‘tmadi.

Muqaddas Kitob ONLINE

1 Iso u yerdan ketib, Yahudiya o‘lkasiga, so‘ng Iordan daryosining narigi tomoniga bordi. Uning atrofiga yana ko‘p xalq yig‘ildi. U O‘z odatiga ko‘ra, odamlarga yana ta’lim berdi.
2 Ba’zi farziylar keldilar va Isoni sinamoqchi bo‘lib, so‘radilar: — Qonunga ko‘ra, er o‘z xotinidan ajralishi mumkinmi?
3 Iso bunga javoban: — Muso sizlarga nimani amr qilgan? — deb so‘radi.
4 — Erkak taloq xatini yozib, xotinidan ajralishiga Muso ijozat bergan edi, — deyishdi.
5 Iso ularga dedi: — Bag‘ri toshligingiz uchun Muso sizlarga bu amrni yozib qoldirgan.
6 Aslida Xudo dunyoni yaratganda odamlarni erkagu ayol qilib yaratdi.
7 Shuning uchun erkak kishi ota–onasidan bo‘lak chiqib,
8 xotiniga bog‘lanib qoladi, ikkalasi bir tan bo‘ladilar.” Bunga ko‘ra, ular endi ikki emas, balki bir tan hisoblanadilar.
9 Xudo birga qo‘shganni hech kim ajratmasin.
10 Uyga kelganlarida, shogirdlar yana shu haqda Isodan so‘radilar.
11 Iso ularga dedi: — Kim o‘z xotini bilan ajrashib boshqasiga uylansa, u xotiniga nisbatan zino qilgan bo‘ladi.
12 Xotin ham agar o‘z eri bilan ajrashib boshqasiga tegsa, zino qilgan bo‘ladi.
13 Iso bolalarimizga qo‘l tekkizsin, deb odamlar Uning oldiga bolalarini olib kelishardi. Shogirdlar esa o‘sha odamlarni koyishardi.
14 Iso buni ko‘rganda, g‘azablanib dedi: — Bolalarga yo‘l qo‘yinglar, Mening oldimga kelishiga to‘sqinlik qilmanglar! Zero, Xudoning Shohligi bundaylarnikidir.
15 Sizlarga chinini aytayin: kim Xudoning Shohligini bola kabi qabul qilmasa, unga hech qachon kirolmaydi.
16 Keyin bolalarni quchoqlab, ularga qo‘l qo‘yib, duo qildi.
17 Iso yo‘lga chiqayotganda, bir odam yugurib kelib, Uning oldida tiz cho‘kdi–da: — Valine’mat Ustozim! Abadiy hayotga erishish uchun nima qilishim kerak? — deb so‘radi.
18 Iso unga dedi: — Nega Meni valine’mat deysiz? Birgina Xudodan boshqa hech kim valine’mat emas.
19 Siz amrlarni bilasiz: “Qotillik qilmang. Zino qilmang. O‘g‘irlik qilmang. Yolg‘on guvohlik bermang. Birovning haqini yemang. Ota-onangizni hurmat qiling.”
20 U kishi Isoga dedi: — Ustozim! Bularning hammasiga yoshligimdan buyon rioya qilib kelaman.
21 Iso unga mehr bilan qarab, dedi: — Sizga bir narsa yetishmaydi. Boring, bor narsangizni soting, pulini kambag‘allarga tarqating. Shunda osmonda xazinangiz bo‘ladi. Keyin kelib, Menga ergashing.
22 Bu so‘zlardan boyning ta’bi xira bo‘ldi. U qayg‘urib qaytib ketdi, chunki uning mol–mulki ko‘p edi.
23 Iso atrofga razm solib, shogirdlariga dedi: — Mol–dunyosi borlarning Xudo Shohligiga kirishlari naqadar qiyin!
24 Bu so‘zlarni eshitib, shogirdlarning aqli shoshdi. Iso esa takrorlab dedi: — Bolalarim, Xudoning Shohligiga kirish naqadar qiyin!
25 Boy odamning Xudo Shohligiga kirishidan ko‘ra, tuyaning igna teshigidan o‘tishi osonroqdir.
26 Shogirdlar haddan tashqari ajablanib o‘zlaricha: — Unday bo‘lsa, kim najot topa olar ekan? — deyishdi.
27 Iso ularga ko‘zini tikib dedi: — Inson uchun bu imkonsizdir, lekin Xudo uchun emas. Xudo uchun hamma narsaning imkoni bor.
28 Shunda Butrus Isoga dedi: — Mana, biz uy–joyimizni tashlab, Sizning orqangizdan ergashib keldik.
29 Iso bunga javoban dedi: — Sizlarga chinini aytayin: kim Men uchun va Xushxabar uchun uy–joyini, aka–ukalarini, opa– singillarini, ota–onasini, bolalarini yoki dalalarini tashlab ketsa,
30 u bu dunyoning o‘zidayoq yuz hissa ortiq uy–joylarga, aka–ukalarga, opa–singillarga, onalarga, bolalarga va dalalarga ega bo‘ladi, shu bilan birga quvg‘in ham qilinadi. Narigi dunyoda esa abadiy hayotga sazovor bo‘ladi.
31 Ammo birinchi bo‘lganlarning ko‘plari oxirgi bo‘ladilar, oxirgilar esa birinchi bo‘ladilar.
32 Iso bilan shogirdlari Quddusga qarab ketayotgan edilar. Iso yo‘l boshlab borardi. Shogirdlar xavotirda edi, Isoning ortidan ergashgan xalqni esa vahima qamrab olgandi. Iso o‘n ikki shogirdini chetga olib, O‘zi bilan yuz beradigan voqealarni ayta boshladi:
33 — Mana, biz Quddusga ketyapmiz. U yerda Inson O‘g‘li bosh ruhoniylar va Tavrot tafsirchilari qo‘liga tutib beriladi. Ular Uni o‘limga mahkum qilib, g‘ayriyahudiylarga topshiradilar.
34 G‘ayriyahudiylar Uni haqorat qiladilar, yuziga tupuradilar, qamchilaydilar va Uni o‘ldiradilar. Lekin uch kundan keyin U tiriladi.
35 Zabadiy o‘g‘illari Yoqub bilan Yuhanno Isoning oldiga kelib: — Ustoz, bizning bir tilagimiz bor, uni biz uchun bajo keltirishingizni istaymiz, — deyishdi.
36 — Sizlar uchun nima qilishimni istaysizlar? — deb so‘radi Iso.
37 Ular: — Siz ulug‘vor taxtingizda o‘tirganingizda, birimiz Sizning o‘ng tomoningizda, boshqamiz esa chap tomoningizda o‘tirishimizga ruxsat bering, — deyishdi.
38 Iso ularga dedi: — Sizlar nima so‘rayotganingizni bilmaysizlar. Men ichadigan azob kosasidan sizlar icha olasizlarmi? Men boshdan kechiradigan qayg‘u– alamlarga botib chiday olasizlarmi?
39 Ular: — Chiday olamiz, — deb javob berishdi. Iso ularga dedi: — Sizlar–ku Men ichadigan azob kosasidan ichasizlar, boshdan kechiradigan qayg‘u– alamlarimga o‘zingiz ham duchor bo‘lasizlar.
40 Ammo Mening o‘ng yoki chap tomonimda o‘tirishga ruxsat berish Mening ixtiyorimda emas. Bu o‘rin kimlarga atalgan bo‘lsa, ularniki bo‘ladi.
41 Qolgan o‘nta shogird buni eshitib, Yoqub bilan Yuhannodan achchiqlanib ketishdi.
42 Iso esa ularni yoniga chaqirib, dedi: — Butparastlarga qaranglar, ular hukmdorlariga izzat ko‘rsatadi, hukmdorlari esa ularga o‘z hukmini o‘tkazadi, katta amaldorlar elga zo‘ravonlik qiladi.
43 Ammo sizlarning orangizda bunday bo‘lmasin. Aksincha, orangizda kim katta bo‘lishni istasa, sizlarga xizmat qilsin.
44 Orangizda kim birinchi bo‘lishni istasa, hammangizga qul bo‘lsin.
45 Axir, Inson O‘g‘li ham O‘ziga xizmat qildirish uchun emas, balki O‘zi xizmat qilish va O‘z jonini fido qilib, ko‘plarni ozod qilish uchun kelgan.
46 Iso bilan shogirdlari Yerixo shahriga keldilar. Ular shahardan chiqib ketayotganlarida bir talay xaloyiq ularga ergashdi. Timey o‘g‘li Bartimey ismli bir ko‘r tilanchi yo‘l chekkasida o‘tirgan edi.
47 U Nosiralik Iso o‘tib ketayotganini eshitib: — Ey Dovud O‘g‘li Iso, menga rahm qil! — deb baqira boshladi.
48 Ko‘p odamlar esa unga: “Jim bo‘l!” deb jerkishdi. Lekin u: — Ey Dovud O‘g‘li, menga rahm qil! — deb yanada qattiqroq baqirdi.
49 Iso to‘xtab: “Uni chaqirib kelinglar”, dedi. Odamlar kelib, ko‘r odamga: “Dadil bo‘l, o‘rningdan tur. U seni chaqiryapti”, deb aytishdi.
50 Ko‘r to‘nini yechib tashlab, o‘rnidan sakrab turdi–da, Isoning yoniga keldi.
51 Iso undan so‘radi: — Sen Mendan nima istaysan? — Ustozim, ko‘zlarim ko‘rsin! — dedi ko‘r.
52 Iso unga: — Boraver, ishonching seni sog‘aytirdi, — dedi. O‘sha zahoti u ko‘ra boshladi. So‘ng Isoning ortidan ergashib ketdi.

Комментарии к Библии МакДональда на Узбекском языке.

Uilyam MakDonald - taniqli ilohiyot o‘qituvchisi.