Har bir qizning vasvasasi (kitobi SKACHAT LOTIN) .PDF
Ҳар бир қизнинг васвасаси (китоби SKACHAT) .PDF
- ayollar hayoti va ichki kurashi haqida kitob
Mundarija
Djosh Makdauelldan soʻzboshi
Bagʻishlovlar va minnatdorchiliklar
Ota-onalarga
Kirish soʻzi (Stiven Arterbern)
I-qism: Vasvasangizni tushunish
1. Oʻzimizga haqiqatni aytishga jazm etamiz
2. Boshida aytilgan rejaga qaytib
3. Iffatli va oriyatli hayot
4. Vasvasalarimizni kuchaytiruvchi afsonalar
II-qism: Oʻz-oʻzini halok qilishdan saqlanish
5. Jinsiy aloqaga nisbatan istagimizni kuchaytirganimizda
6. Koʻzgu doʻstimizga aylanganida
7. Haqiqatga taqqoslanib
8. Buzuq doirani uzish
III-qism: Boshqalarni vasvasaga tushirmaslik
9. Hukmronlik qilishga tashna boʻlganimizda
10. Taassurot uygʻotish uchun kiyinamizmi?
11. Noz-karashma qilish yoki qilmaslik?
IV-qism: Oʻz ongingizni himoya qilish
12. Ong jangida gʻolib chiqish
13. Davolovchi ochlik
14. OAV va u bilan qanday kurashish kerak
V-qism: Oʻz qalbingizni himoya qilish
15. His-tuygʻular bilan kurashda gʻolib chiqish
16. Ketish mumkin!
17. Ehtiyotkorlik bilan harakatlanish
18. Qayerda toʻxtashni bilish!
VI-qism: Oʻz tanangizni himoya qilish
19. Oʻz tanangiz ustidan gʻolib kelish
20. «Texnik» bokiralik
21. “Tormozsiz” jinsiy aloqa
22. «Axir bir-birimizni sevamiz!»
VII-qism: Muhabbatni kerakli joydan izlang
23. Sizga kerak boʻlgan Zot
24. Unga kerak boʻlgan qiz boʻlish
25. Isoga oshiq boʻlish
Xotima
I-qism
VASVASANGIZNI TUShUNISh
1-BOB
Oʻzimizga haqiqatni aytishga jazm etamiz
Shu vaqt Iso Unga ishongan yahudiylarga dedi: – Agar Mening kalomimga rioya qilsangizlar, haqiqiy shogirdlarim boʻlasizlar. Sizlar haqiqatni bilib olasizlar, haqiqat esa sizlarni ozod qiladi.
Yuhanno 8:31,32
"Haqiqat yoki jasorat" Ehtimol, sinfdoshlaringizdan birining uyida "tungi qizlar bazmi"ga toʻplanib, dugonalaringiz bilan bu oʻyinni oʻynagan boʻlsangiz kerak? Balki siz ota-onangizdan eshitgandirsiz, ular sizni bu oʻyinni aslo oʻynamasligingiz haqida ogohlantirishgandir? Oʻyinning mohiyati shundaki, boshqa oʻyinchi sizga topshirgan har qanday vazifani u qanchalik qiyin yoki yoqimsiz boʻlmasin, bajarishingiz kerak, yoki savolga samimiy javob bering, u siz uchun qanchalik nozik yoki kamsituvchi javob talab qilmasin.
Qiz bolaligimda bu oʻyindan hech qachon qochmaganman. Undan voz kechish mumkinligi xayolimga ham kelmagandi. Dugonalarim men uchun eng dahshatli va bemani topshiriqlarni oʻylab topishardi, masalan: ketchup, xantal va mayonez surtilgan buterbrodni eyish; bir shisha gazli ichimlikni tez-tez ichib, keyin dugonamning akasi oldida baland ovozda kekirish; yoki dugonam "Polaroid"da bu sahnani suratga olayotganda oʻzining maymunchasini ehtiros bilan oʻpish. Shunga qaramay, men odatda "jasorat"ni tanlardim, chunki savollarga javob berishni xohlamasdim. Ular taxminan quyidagicha edi: "Seningcha, maktabdagi eng yoqimtoy bola kim?"
"Oʻgʻil bolalar bilan necha marta oʻpishgansan?," "Oʻgʻil bola bilan munosabatlarda qanchalik chuqurlashding?" Yoʻq, bazi narsalar haqida ochiqchasiga gapirgandan koʻra, biror jirkanch narsani eb qoʻyganim yoki oʻzimni gʻirt ahmoq qilib koʻrsatganim yaxshiroq edi.
Haqiqat bazan juda yoqimsiz boʻladi, shuning uchun uni oʻzimizda saqlashimiz osonroq. Bazida yashirgan narsamiz bizga shunchalik azob beradiki, haqiqatga tik qarashga oʻzimiz ham jurat eta olmaymiz. Bizning sirlarimiz, agar ular haqida oʻylamasak yoki boshqalar bilan gaplashmasak, asta-sekin oʻz-oʻzidan "soʻrilib ketadigandek" tuyuladi. Aslida esa bunday emas. Sharmandali sirlar barmoqqa chuqur sanchilgan tikan kabi yalligʻlanish va yiringlash xususiyatiga ega, shuning uchun oʻz vaqtida narsalarni oʻz nomi bilan atash va kimdandir yordam soʻrash ancha yaxshi. Jarohat bitishi uchun yiringni ochib, tozalash kerak.
Ushbu kitobda yosh qizlar qoʻrqmasdan yosh (oʻn ikki yoshdan yigirma yoshgacha) aytib bergan koʻplab hikoyalarni oʻqiysiz. Ular oʻzlarining vasvasalari va aqli, qalbi hamda tanasini jinsiy gunohdan saqlash uchun olib borgan kurashlari haqida haqiqatni aytishga jurat etishdi. Umid qilamizki, siz ularning misolida koʻp narsani oʻrganasiz va ogʻir xatolarga yoʻl qoʻymaysiz. Umid qilamizki, siz jinsiy pokligingizni himoya qilishda boshdan kechirayotgan vasvasalaringizni vijdonan tan olasiz va ularni qanday engish mumkinligini tushunasiz.
Bilimsizlik va axloq bir narsa emas.
Bu yerda hikoya qilingan bazi voqealar shu paytgacha bilmagan narsangizga koʻzingizni ochishi yoki sizni hayratga solishi mumkin. Iltimos, biz sizni jirkanishingizni, shokka tushirishni yoki pokligingizga putur etkazishni istayapti deb oʻylamang. Biz sizning bu dunyoning urf-odatlarini yaxshi bilishingni va ulardan saqlana olishingni istaymiz
Bilimsizlik - bu ruhiy inom emas va u axloqqa teng emas. Hamma narsani bilish va shu bilan birga poklikni saqlash mumkin. Biz sizni yoʻlingizda vasvasalar paydo boʻlganda masuliyatli qarorlar qabul qilishga oʻrgatmoqchimiz.
Yuqorida tilga olingan vasvasalarning koʻpchiligiga hayotingizda duch kelgansiz yoki duch kelasiz. Havoriy Pavlus shunday deb yozgan:
“Shuning uchun mahkam turibman, deb oʻylagan odam ehtiyot boʻlsin, tagʻin qoqilib yiqilmasin.” (1 Korinfliklarga 10:12).
“Shuning uchun fikr-zikringiz ishda boʻlsin, hushyor boʻlinglar. Iso Masih osmondan tushib zohir boʻlganda sizlarga nasib boʻlajak inoyatga mutlaqo umid bogʻlanglar. Gapga koʻnadigan bolalar kabi boʻlinglar, ilgarigi gʻaflat paytida sizlarni qamragan ehtiroslarga qaytmanglar. Sizlarni davat etgan Xudo qanday muqaddas boʻlsa, sizlar ham butun yurish- turishingizda shunday muqaddas boʻlinglar. Xudo: «Muqaddas boʻlinglar, zero Men muqaddasman», deb aytgani yozilgan.” (1 Butrus 1:13-16).
“Sizlarning orangizda fahsh, zinokorlik, ifloslik yoki xasisligu ochkoʻzlik hatto tilga ham olinmasin. Bular Xudoning azizlariga munosib emas.” (Efesliklar 5:3).
Endi esa vasvasalari va jinsiy poklik uchun kurashlari haqida haqiqatni aytishdan qoʻrqmagan tengdoshlaringizning shaxsiy hayotiga nazar tashlaylik.
Mollining shaxsiy jangi
Molli uchun jang bir marta tasodifan pornografik telekoʻrsatuvga duch kelganida boshlangan, keyin esa unga yana... yana... va yana duch kela boshlagan.
"Bilaman, bu juda yomon boʻlgan edi va oʻshandan beri hamma narsa teskari boʻlib ketdi, lekin men nafaqat oʻzim pornografiya bilan shugʻullanganim uchun, balki bu ishga ikkita eng yaxshi dugonamni ham jalb qilganim uchun million baravar ahvolim yomonroq. Ulardan biri ota-onasiga hamma narsani aytib berishga oʻzida kuch topdi. Ota-onam bu haqda eshitib, juda hayratda qolishdi - ularni qanday ayblash mumkin? Ular hatto bizning teledasturimizni hech qanday pornografiya tushmasligi uchun qayta tuzgan odamni topishdi, shuning uchun endi bu kanal bizda boʻsh.
Bir muncha vaqt hammasi joyida boʻldi, men koʻrganlarimni xayolimdan chiqarib tashlashga harakat qildim va bunga malum darajada muvaffaq boʻldim ham. Ammo yaqinda menda bunday rasmlarni koʻrganimda masturbatsiya qilish odati paydo boʻldi va men bundan qutula olmayapman. Bilaman, bu yomon, bu ishni qilganimdan keyin xuddi loyga belangan odamday oʻzimni juda yomon his qilaman, yana oʻzimni aybdor sezaman. Xudo oldida gunohlarimni tan olib, iqror boʻldim, lekin bu etarli emasga oʻxshaydi. Buni hech kimga aytishni istamayman, chunki aytsam hamma mendan nafratlana va jirkana boshlaydi".
Ishonchimiz komilki, Molli pornografiya unga tobe boʻlib qolish xavfini tugʻdirishini bilgan va u bu xavfdan oldindan qochishi mumkin edi. Pornografiya yoki masturbatsiya odati hayotingizni jiddiy ravishda murakkablashtirayotgan boʻlsa, bu kitob jinsiy iffatingiz va ruhiy xotirjamligingizga xalaqit beradigan bu ehtiroslardan xalos boʻlishingizga yordam beradi.
Lorenning shaxsiy jangi
Loren oʻrta maktabda jinsiy tarbiya darslariga qatnadi va nikohdan oldin jinsiy aloqadan voz kechishi haqida oʻziga vada berdi. Endi u yuqori sinflarga oʻtdi va dugonalarining xatti-harakatlari uni doim chalgʻitadi. Loren oʻziga bergan vadasining ustidan chiqishiga ishonishi mumkinmi, degan savolni berishdan boshqa iloji yoʻq edi.
"Maktabimizda raqs kechasi boʻlib oʻtdi va koʻplab doʻstlarim xuddi hammaning koʻz oʻngida echinmasdan jinsiy aloqa qilayotgandek raqsga tushishdi va turli xil bemani tana harakatlarini qilishdi - qizlar oʻgʻil bolalar bilan, qizlar qizlar bilan… Shu bilan birga, ularning koʻrinishi juda quvnoq edi. Ular tinimsiz meni oʻzimni boʻsh qoʻyishga undar va yonlariga chaqirishardi. Yana ikkita dugonam "haqiqat yoki jasorat" oʻyinini oʻynashdi va avtobus oxiridagi bolalar bilan oral jinsiy aloqa qilishga rozi boʻlishdi. Endi bu qizlar oʻgʻil bolalar orasida juda mashhur boʻlib ketgandilar. Men, albatta, bu intilishga arziydigan mashhurlik emasligini oʻzimga eslatishga harakat qilaman, lekin bazida oʻzimdan soʻrayman: balki men juda uyatchandirman va hamma bu bilan shugʻullanayotgan bir paytda eng qiziqarli va yoqimli narsalarni oʻtkazib yuborayotgandirman?"
Bilamizki, koʻpchiligingiz, - bizning yosh oʻquvchilarimiz, jinsiy poklikni saqlashni xohlaysiz, lekin Lorenga oʻxshab, oʻzingizni oʻsha qizlarning orasida ajralib turgan "oq qargʻalar"dek his qilmoqdasiz va bu umuman mumkinligiga shubha qilasiz. Ruhingizni tushirmang. Bu nafaqat mumkin, balki biz ishonamizki, jinsiy aloqani faol dam olish turiga aylantirishdan koʻra, Xudo nikohda siz uchun tayyorlagan intim munosabatlardan bahramand boʻlish uchun bir necha yil kutish ancha yaxshiroqdir. Kitobni oʻqishda davom eting va biz sizga buning uchun nima qilish kerakligini koʻrsatamiz.
Elianing shaxsiy jangi
Emma ancha vaqtdan beri yoshlar bilan uchrashib yuradi, u oʻz tajribasi bilan boʻlishishi va boshqa yosh ayollarni xatolardan ogohlantirishi mumkin. Yoshligida u oʻziga ishonmaydigan qiz boʻlib, hattoki “menga nimadir boʻlyapti” deb oʻylardi, chunki bolalar unga etibor berishmasdi. U ota-onasi bilan munosabatlaridan shikoyat qilmasdi, lekin unga biror yigit xushomad qilishini xohlardi. U birinchi navbatda maktabda tan olingan goʻzallarga oʻxshash uchun ozishga qaror qildi va buning uchun parhez tutishni hamda jismoniy mashqlar bilan shugʻullana boshladi.
"Koʻp oʻtmay, vazn yoʻqotish vasvasasi ruhiyatimga jiddiy tasir koʻrsatdi. Yigitlar mening nozik gavdamni payqashlarini juda-juda istardim va men telbalardek ularning maqtoviga tashna edim.
Birorta bola menga xushomad qilsa, xursandligimdan erib ketardim va shundagina oʻzimni chindan ham qandaydir odam ekanligimni his qilardim. Koʻrsatilgan etibor uchun minnatdorchilik sifatida men uning ortidan ergashib ketardim; bundan tashqari, bu yoʻl bilan men kelajak uchun "garov badali" qoʻyayotgandek, uning keyingi maqtovlariga sazovor boʻlayotgandek tuyulardi. Men u bilan bemalol noz-karashma qilardim: goʻyo doʻstona qoʻltigʻidan olardim, oʻzim esa har bir qulay vaziyatda uning soniga tegib ketardim yoki unga yopishib olardim.
Keyingi uch yil davomida men juda jiddiy deb hisoblagan bir nechta munosabatlarga ega boʻldim, lekin yigitlarim bunday deb oʻylamagandilar. Men ularga bor-yoʻgʻimni, shu jumladan, tanamni ham berardim, lekin ertami-kechmi ular meni navbatdagi qizni deb tashlab ketishardi. Har safar navbatdagi uzilishni boshdan kechirganimda, oʻzimga oʻzim savol berardim: nimaga men bilan shunday boʻlaveryapti? Nega endi u meni istamayapti? Balki men etarli darajada jozibador emasdirman? Balki men hali ham semizdirman? Tanamga isnod keltirib, oʻzimdan foydalanishga ruxsat berib, yigitlarning etiborini oʻzimga qaratishga va ularning koʻz oʻngida yuksalishga harakat qilardim, lekin har safar bu kamlik qilardi."
Nozik qomat uchun kurash, xuddi "yosh yigit" yordamida oʻz hissiy ehtiyojlarini qondirishga urinish kabi, cheksiz davom etishi mumkin. Agar siz romantik munosabatlarga shunchalik tashna boʻlsangiz va bazan oʻz xatti-harakatlaringizdan uyalib qolsangiz, demak, bu kitob siz uchun. Bu sizga sevimli boʻlishga boʻlgan tabiiy, Xudo tomonidan berilgan istak va xavfli, shahvoniy vaziyatlardan qochish qobiliyatingiz oʻrtasida sogʻlom muvozanatni oʻrnatishga yordam beradi.
Toʻgʻrisini aytsam, bu kitob sizning tengdoshingiz boʻlgan va oʻz vasvasalarim bilan kurashgan davrimda boʻlmaganidan juda afsusdaman.
Shennonning shaxsiy jangi
Agar oʻn ikki yoshimda mendan turmushgachiqquningizcha bokira boʻlib qolishni xohlaysizmi,
deb soʻrashsa, men: "Albatta!" deb javob bergan boʻlardim.
Oʻn uchda men: "Ha, deb oʻylayman," degan boʻlardim.
Oʻn toʻrtda esa - "Ehtimol" deb javob bergan boʻlar edim.
Oʻn besh yoshimda javobim shunday boʻlardi: "Bilmadim, umuman shunday boʻlishi mumkinmi?" Baxtga qarshi, oʻsha yili mening bokiraligimdan faqat xotiralar qoldi. Bir yigit bilan uchrashuv vaqtida u meni zoʻrladi. Meni urushib berishlaridan qoʻrqib, bu haqda uzoq vaqt jim yurdim. Axir, hammasiga oʻzim aybdor edim: oʻn sakkiz yoshli bu yigitning etiborini tortish uchun u bilan oʻynashadigan boʻldim va ota-onamdan yashirincha u bilan yolgʻiz qolishga rozi boʻldim. Shuning uchun hech kimga hech narsa demadim. Sirni ichimda saqlaganim uchun hech kim ruhiy iztirobdan xalos boʻlishimga yordam bermadi va hech kim Xudo oldida hali ham bokira ekanligimni aytmadi. (Bokiralikning mohiyati haqida keyingi bobda gaplashamiz.)
Bir necha oy oʻtgach, ota-onam uchrashuvlarga borishimga ruxsat berishdi. Mening bokiraligim baribir allaqachon oʻgʻirlangan deb hisoblaganim uchun, uchrashgan yigitlarimga jismoniy yaqinlikni rad etishdan mano yoʻqdek tuyulardi. Jinsiy aloqa ishqiy munosabatlarimning odatiy qismiga aylandi - buni oʻzimga boʻlgan etibor va mehr uchun toʻlashim kerak boʻlgan toʻlov deb hisoblar edim. Bu kitobni oʻqib chiqishingizni istayotganimning yana bir sababi mana shudir. Men bilmagan narsani bilishingizni istayman. Men yana shuni istaymanki, siz yashirin hayot kechirmang va hamma sizning kimligingizni, yigitlar haqida va ular sizdan nimani xohlashlari haqida qanday fikrda ekanligingizni koʻrsin va bilsin.
Shahvoniy vasvasalarga qarshi immunitet ishlab chiqilmaydi
Ehtimol, mening "qorongʻi oʻtmishim" haqida oʻqib, meni yomon oiladan chiqqan va shahar xarobalarida oʻsgan qiz yoki masihiy boʻlmagan yoki shunchaki unchalik aqlli boʻlmagan, deb oʻylagandirsiz.
Yanglishyapsiz.
Men Texasning shimoli-sharqida ulgʻayganman, ota-onam oʻrta sinfga mansub oʻqimishli odamlar boʻlib, bir umr bir-birlariga sodiq qolishgan. Oilamiz qishloqdagi kamtarona uyda yashardi, bu yerda atrof xavfsiz boʻlmasligi mumkinligi hech kimning xayoliga kelmasdi. Onam meni muntazam ravishda jamoatga olib borardi va oʻn ikki yoshimda men Iso Masihga ishonishimni tantanali ravishda tasdiqlagandim. Hatto bir necha yil yoshlar guruhiga rahbarlik qilgandim. Maktabda alochi edim va kollejni muvaffaqiyatli tugatdim.
Mening misolim shuni isbotlaydiki, butun hayotingizni ostin-ustun qilib yuboradigan masuliyatsiz qarorlar qabul qilish uchun tarqoq yoki notinch oiladan boʻlish shart emas. "Yaxshi imonli qizlar" ham shahvoniy vasvasalardan xoli emaslar. Hatto sizga oʻxshaganlar ham.
Siz yoki dugonalaringiz kabi qizlarni goʻzal shahzodani kutishdan voz kechib, qurbaqalar bilan oʻpishishga nima majbur qilishi mumkin? Siz botib qolgan qurbaqa botqogʻidan chiqib ketish mumkinmi? Umuman, bu urushda gʻalaba qozonish mumkinmi? Agar mumkin boʻlsa, qanday qilib?
Bu savollarga javobni qoʻlingizdagi kitobdan topasiz. U yoshlikning "mina maydoni"dan qanday oʻtish, oʻzini saqlab qolish va jinsiy hamda hissiy poklik uchun kurashda yutqazmaslik yoʻllarini koʻrsatadi. Agar siz quruqlikdagi minalarni chetlab oʻtib, bu jangda gʻalaba qozona olsangiz, katta hayotga ishonch va maqsad bilan qadam qoʻyasiz. Hayotingiz umidsizlikdan xoli boʻladi va kelajak uchun ajoyib tanlov qila olasiz. Shunda butun dunyo sizga tegishli boʻladi... lekin avvaliga siz ichki vasvasangiz qanchalik kuchli ekanligini aniqlashingiz kerak, buning uchun esa quyidagi savollarga "ha" yoki "yoʻq" deb javob berishingiz kerak:
1. Shahvoniy hazillar aytiladigan yoki behayo sahnalar tasvirlangan telekoʻrsatuvlar yoki filmlarni tomosha qilib turasizmi?
2. Tinglayotgan musiqangiz sizni nikohdan tashqari jinsiy istaklar haqida ovoz chiqarib gapirishga undaydimi?
3. Yigitning etiborini haddan tashqari doʻstona yoki ochiqchasiga jalb qilishga urinyapsizmi?
4. Yosh yigitni qanday topish yoki ushlab qolish haqidagi fikrlar sizni shunchalik chulgʻab oladiki, malum vaqt boshqa narsaga etibor qaratishingiz ham qiyin boʻladimi?
5. Turmush qurish haqida oʻylashga hali erta boʻlishiga qaramay, jiddiy ishqiy munosabatlar haqida oʻylaysizmi?
6. Agar siz masturbatsiya bilan shugʻullansangiz, bu siz uchun nimani anglatadi: jinsiy qoniqish olish usulimi yoki boshqa odamlar bilan jinsiy aloqadan tiyilish vositasimi?
7. Ogʻiz orqali jinsiy aloqa va jinsiy faollikning boshqa turlari mumkin deb hisoblay olasizmi (chunki ular vaginal kirish bilan bogʻliq emas va shuning uchun homilador boʻlish mumkin emas)?
8. Bokiraligingiz oʻgʻirlab ketilgandek his qilasizmi?
9. Oʻzingizni “Tarbiyali yaxshi yigit” siz bilan qiziqmaydigan "buzilgan mahsulot" deb his qilyapsizmi?
10. Er-xotin nikohsiz birga yashashi mumkin deb oʻylaysizmi?
11. Qayerga ketayotganingiz yoki kim bilan boʻlganingiz haqida ota-onangizga yolgʻon gapirishingizga toʻgʻri kelganmi, chunki agar siz haqiqatni aytsangiz, ular sizning xatti-harakatlaringizni maqullamaydilar?
12. Ota-onangizga yolgʻon gapirib, oʻzingizga yoqadigan yigit bilan uchrashishga borishingiz mumkinmi (lekin agar aytsangiz, ular sizni u bilan uchrashishga qoʻyishmaydi)?
13. "Vaziyat taqozosi bilan " biror yigit bilan jinsiy aloqa qilganmisiz?
14. Ota-onangiz nazoratidan tezroq chiqib ketishni va erkinlikdan foydalanib, oʻzingizga yoqadigan munosabatlarni oʻrnatishni xohlaysizmi?
15. Ota-onangiz maqullamaydigan veb-saytlar yoki chatlarga kirib turasizmi?
16. Internetda ota-onangizdan yashirincha uchrashgan notanish odamga telefon raqamingiz yoki uy manzilingizni berganmisiz?
17. Oʻzingizning xatti-harakatlaringiz yoki uzilgan munosabatlaringiz uchun qandaydir qoidalar yoki tamoyillarni oʻrnatganmisiz?
18. Ota-onangizdan biror narsani yashirasizmi, masalan, ochiq sevgi xatlari, jurnallar yoki videofilmlarni?
19. Turmush qurib, barcha mushkulotlaringizni bir zumda hal qilib, shahvoniy va hissiy vasvasalardan xalos boʻlaman, deb xayol qilasizmi?
Qaysi savollarga ha deb javob bergan boʻlardingiz? Ularning har biri sizning yoʻlingizda paydo boʻladigan jinsiy vasvasalarga berilib, siz tushishingiz mumkin boʻlgan potentsial tuzoqni aniqlaydi. Kim boʻlishingizdan qati nazar - bunda kurashi endi boshlanayotgan yosh qizmi yoki etarlicha tajribali balogʻatga etgan qizmi - siz bu jang maydonida qurbon boʻlmaslik uchun oʻzingiz uchun eng mustahkam mudofaa chizigʻini qurishingiz mumkin. Choʻkayotgan odam xasga yopishgandek oʻz iffatingizni saqlab qolishingiz yoki yigit bilan birga boʻlishingizdan qati nazar, nafaqat yoshligingizda, balki hayotingizning istalgan davrida yoʻqotilgan jinsiy iffatni saqlab qolishingiz yoki tiklashingiz mumkin.
Bu yerda eng muhimi, ayol kishining yoshi va oilaviy ahvolidan qati nazar, qoqilib ketishi va vasvasaga tushishiga nima majbur qilishi mumkinligini tan olish va tushunishdir. Aqlingizni, qalbingizni va tanangizni vasvasalardan asrashni oʻrganib, jinsiy va hissiy munosabatlarda Xudo sizni qanday koʻrishni xohlashini tushunib, xavfli oʻsmirlik davridan xotirjam va ishonch bilan oʻta olasiz... va shunda siz hech narsadan afsuslanmaysiz.
Jinsiy inom nima ekanligini yaxshiroq tushunishni boshlaganingizda, sizni chalgʻitadigan afsonalar oʻz-oʻzidan yoʻq boʻlib ketishini koʻrasiz. Quyidagi boblar sizga shularda yordam beradi:
- jinsiy hayotingiz qanchalik murakkabligini va vasvasaga tushishda his-tuygʻularingiz qanday rol oʻynashini tushunish;
- madaniyatimizda keng tarqalgan shahvoniylikka oid afsonalarni aniqlash va ular jinsiy aloqa bilan bogʻliq etiqod va qarorlaringizga qanday tasir koʻrsatishi mumkinligini tushunish;
- nafaqat jismoniy, balki hissiy va ruhiy jihatdan ham iffatli turmush tarzini olib borishga qaror qilish;
- Xudo bilan, oʻzingiz va boshqalar bilan sogʻlom, qoniqarli munosabatlardan rohatlanish;
- nomaqbul joylarga kirmasdan va boʻlajak turmush oʻrtogʻingiz sifatida yigitingizga behuda umid bogʻlamasdan, oʻzingiz izlayotgan muhabbatni topish;
- nafaqat malum bir vaqtda, balki butun umr davomida oʻzidan mamnun boʻlish.
Agar shu paytgacha vasvasalarni engishga muvaffaqiyatli tarzda erishgan boʻlsangiz, sizni asrab qolgani uchun Xudoga shukr qiling va keyingi gʻalabalarga tayyorlaning. Agar siz qandaydir vasvasaga qarshi tura olmagan boʻlsangiz, oʻzingizni Xudodan ajralgan his qilsangiz yoki hozirgi yoki kelajakdagi munosabatlaringizdan xavotirda boʻlsangiz - bu kitob siz uchun ichki xotirjamlikka yoʻl ochadi. Xudodan sizga donolik, jasorat, umid va kuch berishini soʻraymiz, toki siz jinsiy va hissiy iffat uchun kurash olib borib, gʻalaba qozoning.
“Egamiz toʻgʻri odamni eson–omon saqlaydi, toʻgʻri yuradiganga Oʻzi qalqon boʻladi. Adolatli insonni himoya qiladi, Unga sodiq boʻlganning yoʻlini qoʻriqlaydi. Shunda sen toʻgʻrilik, adolat, odillik, yani toʻgʻri yoʻl nima ekanligini tushunasan. Chunki yuragingga donolik kiradi, ruhing esa bilimdan zavqlanadi. Fahm–farosat seni himoya qiladi, aql–idrok seni qoʻriqlaydi” (Hikmatlar 2:7-11)





































































































































