Erkak ehtiyoji, ayol ehtiyoji (Kichik Uillard F.Xarli) 8 bob

Kichik Uillard F. Xarli Erkak ehtiyoji, ayol ehtiyoji - (Jozibador rafiqa) Kitob O'zbek tilida

Эркак эҳтиёжи, аёл эҳтиёжи (Кичик Уиллард Ф. Харли) Ўзбек тилида Аудиокитоб 

 

Хiyonatdan himoyalangan nikoh munosabatlarini yaratish Kichik Uillard F. Xarli Erkak ehtiyoji, ayol ehtiyoji. Kitob O'zbek tilida

                    

Mundarija

Nashrning 15 yilligi munosabati bilan suzboshi

Kirish

1. Nikohingiz xiyonatdan qanchalik ximoyalangan?

2. Nega Sevgi Bankingiz hech qachon yopilmaydi?

3. Mehribonlik namoyon etilishi

4. Jinsiy qoniqish

5. Suhbat

6. Birgalikdagi hordiq

7. Rostguylik va ochiqlik

8. Jozibador rafiqa

9. Moliyaviy madat

10. Honadon sarishtaligi

11. Ota-onalik burchlarining  bajarilishi

12. Zavq - shavq

13. Xiyonatga qanday bardosh berish mumkun?

14. Nomofiqlikdan jozibadorlikgacha


JOZIBADOR RAFIQA

Erga go‘zal xotin kerak

Yigirma olti yoshidayoq 86 kilogramm vaznga ega bo‘lgan Nensini uchrashuvlarga kamdan kam taklif etishardi, ya’ni keyingi ikki yil mobaynida ikki marta taklif etishgan bo‘lib, birinchi uchrashuvdan keyin biror marta ham qo‘ng‘iroq qilishmagan. Garchi u ko‘rkamgina va ko‘p taraflama qiziqishlari bo‘lsada, u bilan uchrashishni istaydigan erkaklar sanoqli edi.

Nensi kunlardan birida o‘zining o‘zgarish vaqti kelgani haqida qaror qildi. “Agar kimdir menga g‘amxo‘rlik qilganida edi, – fikrladi qiz, – men ishdan ketib, kun bo‘yi uyda bo‘lishim mumkin. Bu menga yoqadi”. Nensi bu maqsadga erishish yo‘lidagi birinchi qadamni sport zaliga qatnashdan boshladi. Parhez taomlar bilangina ovqatlanib, 27 kilogramm vazn tashladi. So‘ngra esa u o‘zining xushbichim qaddi–qomatiga yanada ko‘rk bag‘ishlaydigan yangi liboslar sotib oldi. Boshqacha ko‘rinish kasb etish yangicha soch turmagi va shunga mos keladigan makiyaj bilan yakunlandi.

Nensi 27 kilogramm vazn tashlab va o‘z ko‘rinishiga boshqa ijobiy o‘zgarishlar kiritib, misoli bir huriliqoga aylandi. Endi u erkaklar bilan to‘g‘ri kelgan vaziyatlarda uchrashib tursada, o‘z maqsadi – er topishni unutib qo‘ymagandi. Oradan sakkiz oy o‘tgandan so‘ng Garold uning qo‘lini so‘raganida, u “ha” deb javob berdi. Qiz o‘z maqsadiga juda tez erishdi.

Men Nensi va Garoldga to‘ylaridan besh yildan so‘ng maslahat berganimda, dastlab har biri bilan alohida–alohida gaplashdim. Garold menga dedi:

– Xotinimning to‘ydan keyingi ilk qo‘ygan qadami – ishdan ketish bo‘ldi. U shundan so‘ng uydan chiqmay, kun bo‘yi telbalarcha yeb–ichib o‘tirardi. Keyin esa xuddi havo sharidek to‘lishib qoldi – nikohimiz davomida u taxminan 45 kilogramm semirdi.

– Siz unga vazni haqida biror nima dedingizmi? – so‘radim men.

– Ha, ko‘p marta. Umuman olganda, bu biz uchun katta masala. U shunchaki qo‘l siltab qo‘yadi: “Men qanday bo‘lsam, shundayligimcha sevishingni istayman. Agar meni sevib, hech qanday shartlarsiz qabul qilganingda, men osonlik bilan vazn tashlashim mumkin edi”. Yaqinda sabr kosam to‘lib–toshadi. – Garold bir muddat jim qolib, yana so‘zida davom etdi: – Men qayoqqa murojaat qilishni bilmayapman. Men ajrashishga qarshiman, ammo bunga ortiq chidolmayman. Nimadir o‘zgarishi kerak.

Men suhbatimiz mobaynida Garoldning chindan ham ikki tanlov qarshisida qolib ketganini tushundim. Jamoatning ko‘hna an’analari ruhida tarbiyalangan yigit nikoh bir marta va bir umrga tuzilishiga qat’iy ishonadi. Biroq u qachondir barchaning ko‘zini qamashtirgan xotini bilan baxtli kelajakni orzu qilgandi va endi esa Nensi bilan hayoti ko‘proq qamoqxonadagi mahkumlikka o‘xshardi. Bu ayol bilan nikohi orzularga deyarli muvofiq kelmagandi. Yigit nimani noto‘g‘ri qildi ekan?

Men shundan so‘ng Nensining vaziyatga munosabatini bilish uchun u bilan suhbatlashdim. Ayol oshiqlarni va erni qo‘lga kiritish uchun o‘zi ishtirok etgan o‘z–o‘zini mukammallashtirish dasturi haqida menga gapirib berdi. Nensi hech qachon Garoldga avval ko‘proq og‘irlikka ega bo‘lganini ham, to‘ydan so‘ng o‘z vaznini nazorat qilishga ko‘zi yetmasligini ham aytmagan. Parhez qilish uning uchun azobga, qaddi–qomatini umr bo‘yi xushbichim ko‘rinishda saqlashga ko‘nish esa juda katta qurbonlikka aylangan. U Garoldga turmushga chiqqanida, eri uni vaznidan qat’i nazar sevishiga, yana to‘lishib, baxtli bo‘lishiga umid qilgan. Shu bois eri agar ozishga rozi bo‘lmasa, uni tashlab ketmoqchi ekanini aytganida, ayol unga nisbatan eri tomonidan adolatsizlik qlayotganini his qilgan.

Garoldga ham bularning barchasi nohalollik bo‘lib tuyulgan. U qaddi–qomati jozibador qizga uylangan va uning doimo shunday bo‘lib qolishini faraz qilgan. Nensining fikricha esa, Garold uni yaxshiroq bilib olgani sayin sevib qoladi va o‘zining vazni eri uchun ahamiyatsiz bo‘ladi. Biroq ayol adashgandi.

Ha, ayrim erkaklar tashqi ko‘rinishga parvo qilishmaydi. Ularning xotinlari semiz bo‘ladimi yoki ozg‘in – umuman farqi yo‘q. Bu erkaklarda jozibador xotinga ehtiyojdan ko‘ra ancha hayotiy hissiy ehtiyojlar mavjud. Ammo Nensining eri bu toifadan emas. Aksincha, bu ayolga uylangan erkak tashqi ko‘rinishning ko‘rkamligini eng birinchi o‘ringa qo‘yarkan. Unga jozibador xotin kerak bo‘lgan ekan.

Ayrim ayollar ham xushro‘y erkaklarga ehtiyojni his qilishadi. Mening maslahatimda bo‘lgan ko‘plab ayollar erlariga keskin talab qo‘yishgan: sen oriqlaysan yoki ajrashamiz. Mijoz ayollarimdan biri eri tok yigirma ikki kilogramm vazn yo‘qotmagunicha, u bilan birga yashashni rad etgan.

Agar inson o‘zining eng muhim ehtiyojlaridan birini jozibador umr yo‘ldoshiga ega bo‘lish deya hisoblasa, demak, tashqi ko‘rinish – jiddiy masala. Garold va Nensining nikohida bu nihoyatda jiddiy tus olgandi.

Men turmush qurish o‘zi tanlagan insonining ehtiyojini qondirish kerakligini tushuntirganimda, Nensi diqqat bilan tingladi. Ayol erining ko‘p pul ishlab topishini, unga nisbatan muloyim bo‘lishini, u bilan tez–tez gaplashib turishini va shu kabilarni istagan, lekin o‘ziga taalluqli bo‘lgan majburiyatni bajarmagan.

– Bu bilan nima demoqchi bo‘lyapsiz – men o‘z majburiyatimni bajarmayapmanmi? – qizishib ketdi ayol. – Men mazali ovqatlar qilaman. Uyni tartibga keltiraman. Erimni sevaman ...

– Bularning hammasi ajoyib, ammo siz nimanidir e’tibordan chetda qoldiryapsiz, – ta’kidladim men. – Sizning tashqi ko‘rinishingiz eringiz uchun juda muhim. Bu uning qandaydir tantiqligi yoki injiqligi emas. Bunga u kuchli ehtiyoj sezadi. U turmush qurgan o‘sha ajoyib ayol ana shu ortiqcha kilogrammlar ostida yashirinib turibdi. O‘z qaddi–qomatingiz haqida jon kuydirsangiz, bu bilan eringizga mehribonlik qilgan bo‘lasiz.

Hoynahoy, Nensi dastlab meni eshitmaganga o‘xshadi. U qat’iy turib ta’kidladi:

– Garold meni qanday bo‘lsam, shundayligimcha sevishi kerak!

– U sizni nimalar qilishingizga qarab emas, balki qanday bo‘lishingizdan qat’iy nazar sevishini istayapsiz, – dedim men. – Biz hammamiz ham shuni xohlaymiz. Biroq siz Garoldning qanaqa ekanligi uchun emas, balki aynan u nimalardir qilgani uchun turmushga chiqishga qaror qilgansiz. Agar u bilan uchrashib yurgan paytingizda ko‘plab hissiy ehtiyojlaringizni qondirmaganida, hattoki uni umr yo‘ldoshi bo‘lishga nomzod tariqasida ham ko‘rmagan bo‘lardingiz. Agar u to‘ydan so‘ng sizning ehtiyojlaringizni qondirmay qo‘yganida, unga nisbatan bo‘lgan his–tuyg‘ularingiz amalda o‘zgargan bo‘lardi. Unga bo‘lgan sevgingiz shunchaki so‘nib qolgan bo‘lardi.

Ko‘plab erkaklar mehribonlik ko‘rsatishga bo‘lgan ehtiyojni yuzaki deya hisoblashadi. Ko‘plab ayollar esa jinsiy aloqaga bo‘lgan ehtiyoj haqida ana shunday fikrda. Ayrim erkak va ayollar maqtovga bo‘lgan ehtiyojni yuzaki deya hisblaydilar. Ammo bu ehtiyojlardan hech biri unga muhtoj bo‘lgan inson uchun yuzaki bo‘lib tuyulmaydi. Nensi tashqi jozibadorlikka bo‘lgan ehtiyoj yuzaki emasligini tushuna olmasdi. U barchasiga Garoldning mayda ahloqiy mezonlari aybdor ekaniga ishonishni xohlardi. Agar Garold aqlan ulg‘ayib, atrofiga teranroq qaraganda edi, ayolining faqat tashqi ko‘rinishini payqash bilan cheklanib qolmasdi.

Biroq biz gapimizda turib oldik va Nensi nihoyat vazn tashlashga qaror qildi. U Garoldni yo‘qotib qo‘yishdan cho‘chidi va qalbining tub-tubidan bu o‘zining sog‘ligi uchun ham foydali ekanini tushundi. Ayol yana sport mashg‘ulotlariga qaytdi, parhezga o‘tib, uch oy mobaynida 18 kilogramm vazn tashladi. Garold rafiqasining jiddiy kirishganini ko‘rib, u bilan birga mashg‘ulotlarga qatnay boshladi.

Nensi to‘ydan so‘ng ortirgan barcha kilogrammlardan qutulishni istadi, shu bois, sport zalidagi mashg‘ulotlarga binoyiday qatnab, parhezga amal qildi. U o‘zi istagan vaznga kelganidan so‘ng Garoldga ham, o‘ziga ham qiziqishni boshladi. Bu uning o‘ziga bergan baholarini ancha ko‘tardi va ayolning jozibadorligi Garoldning baxtni his qilishiga o‘ta muhim ta’sir qildi.

Ko‘plab ayollar (va erkaklar) Nensida bo‘lgani kabi – ba’zan unchalik jiddiy bo‘lmasa ham – muammolardan aziyat chekishadi. Ular to‘ydan so‘ng turmush o‘rtoqlarining baribir sevishini (tashqi ko‘rinish ahamiyatga ega emasligini) faraz qilib, vazn ortirishni yoki oddiyroq kiyinishni boshlaydilar. Ko‘pchilikning, ayniqsa erkaklarning, fikricha, bunday farazlar haqiqatga aslo to‘g‘ri kelmaydi.

Tashqi ko‘rinish masalasidagi barcha ortiqcha harakatlar nega kerak?

Men jozibador turmush o‘rtog‘iga bo‘lgan ehtiyoj eng muhimlaridan biri ekanini aytganimda, odamlar menga shubha bilan qarashadi. Axir, qanaqasiga, deyishadi ular, erkakda ko‘rkam tashqi ko‘rinishdan yuqoriroq turadigan qadriyatlar bo‘lishi kerak. Zero biz halollik, ishonch va g‘amxo‘rlik kabi muhimroq insoniy fazilatlarga chuqurroq nazar tashlashimiz kerak emasmi? To‘g‘ri, bitta istisno bor, qaysidir xotin bu fazilatlarga shunchaki ega bo‘lmasligi ham mumkin.

Albatta, go‘zallik haqida har kimning o‘z tushunchasi bor va men xotinimdan go‘zallik qirolichasi kabi ko‘rinishi kerakligini talab qilmayman. Men faqatgina ayol eriga yoqadigan darajada ko‘rinishga intilishi lozimligini nazarda tutyapman. U eri bilan turmush qurgan paytdagi ayolga o‘xshashi kerak.

Bu gaplar ayol bir umr yoshdek ko‘rinishda bo‘lishi kerakligini anglatadimi? Albatta, yo‘q, biroq keksayish – vazn ortirish va uysiz gadoyga o‘xshab kiyinish uchun vaj bo‘lmasligi lozim. Nensi aynan shunday yo‘l tutdi va hammasi shu qadar chuqurlashib ketdiki, er-xotin ikkalasi birgalikda mening qabulimga kelishdi. Xayriyatki, Nensida ortiqcha kilogrammlardan voz kechib, maqsadiga erishi uchun qat’iyat bor ekan. Men o‘zgarishdan keskin voz kechgan boshqa ayollarga (va erkaklarga) ham maslahatimni berganman. Bunday oila hech bo‘lmaganda ham hayotda oqsab qoladi, erda esa ko‘proq jozibali ayolni topish istagi tez–tez paydo bo‘laveradi.

Agar er ortiqcha vazndan xalos bo‘lish o‘zining eng muhim ehtiyojlaridan biri ekanini aytsa, eringizning bu ehtiyojini qondirish uchun yetarlicha harakat qilayotgan–qilmayotganingiz haqida aniq qarorga kelishingiz lozim.

Ayol chiroyli ko‘ringanida, erkak o‘zini yaxshi his qiladi

Jozibador rafiqaga ehtiyoj sezadigan erkak go‘zal xotiniga qarab, o‘zini yaxshi his etadi. Aslida hissiy ehtiyoj ham ana shundan iborat. Er o‘z hissiy ehtiyojlaridan biri qondirilganida, chuqur lazzatni his etadi, qondirilmaganda esa umidsizlikka tushadi. Ehtimol, bu gaplarim g‘o‘r yoki havoyi eshitilishi mumkin, biroq men ko‘pchilik erkaklar jozibador ayolga muhtoj bo‘lishlarini payqaganman. Ular ayolni faqat ichki fazilatlari uchungina qadrlashmaydi. Ular, bundan tashqari, ayolning tashqi ko‘rinishini ham qadrlashadi.

Xo‘sh, aksariyat ayollarda ham o‘z erlarining jozibador bo‘lishlariga ehtiyoj seziladimi? Yo‘q. Ular erlarining munosib ko‘rinishda bo‘lishlarini istashlari mumkin, lekin ko‘pchilik ayollar ko‘rkam erga bo‘lgan talabni o‘zlarining beshta muhim hissiy ehtiyojlari qatoriga kiritishmaydi. Ayollar ko‘p hollarda baqaloq, ko‘rimsiz va pala–partish kiyinadigan erkaklarni sevib qolishadi, negaki bu erkaklar ayollarning mehribonlik ko‘rsatish, suhbat va moliyaviy yordam singari muhim hissiy ehtiyojlarini qondirishni yaxshi uddalashadi.

O‘zidan yigirma yosh kichik juda go‘zal ayolga uylangan bir xo‘ppasemiz kal odam yodimga tushyapti. Vaholanki ayol uni telbalarcha sevardi va o‘rtalaridagi jinsiy aloqalar o‘ta jo‘shqin kechgan. Nega? Ayol uning nimasiga shaydo bo‘lib qolgandi? Hammagap ham ana shunda. Ayol erining tashqi ko‘rinishiga emas, balki botiniga nazar solib, unda muloyim va diqqat–e’tiborli, mehribon va saxovatli insonni topgan. Ayol erini qanchalik sevsa, er ham uni shunchalik kuchli sevgan. Ayolning nazarida uning “tashqi ko‘rinishi anchagina yoqimli” bo‘lgan.

Nahotki ayol o‘zini shak–shubhasiz tashqi ko‘rinishi uchun yoqtirib qolgan eridan ko‘ra aqlliroq fikrlagan bo‘lsa? Yo‘q. Ayolda shunchaki boshqacha to‘plamdagi hissiy ehtiyojlar bor edi. Uning uchun jismoniy ko‘rkamlik, eridan farqli ravishda, unchalik katta ahamiyatga ega bo‘lmagan. Ayol yaxshi ko‘rinish uchun harakat qilgan, negaki eriga chiroyli tashqi ko‘rinish yoqishini bilgan. Va aksincha, er ayolning mehribonlik ko‘rsatish, muloqot va moliyaviy qo‘llab–quvvatlashga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirishga uringan.

Har qanday ayol eri uchun yanada jozibador bo‘lishi mumkin. Ayollarning (erkaklarning) o‘zlarini tartibga keltirishlariga, batartib kiyinishlariga, sochlarini to‘g‘ri bo‘yashlariga va shu kabi masalalarga yordam berish uchun mo‘ljallangan ko‘plab kitoblar, videolar, parhez saqlash haqidagi dasturlar va boshqa mahsulotlar mavjud. Men har haftada ayollarga maslahat berib borar ekanman, jozibadorlikni saqlash yoki unga erishishda o‘ta muhim ahamiyatga bo‘lgan beshta asosiy jihatlarni qayd etishimga to‘g‘ri keladi. Keling, ularning har birini qisqacha ko‘rib chiqamiz.

Vaznni nazorat qilish “sir”i

Har yili peshtaxtalarda parhez tutish va vaznni nazorat qiluvchi yangi “sinovdan o‘tgan va ishonchli” ko‘plab ommabop asarlar paydo bo‘ladi. Va mana, bu mening rejam, Uillard Xarlining Uchinchi Xulosasi:

Jismoniy mashqlar soniga muvofiq tarzda

kaloriyalar iste’mol qilishni muvozanatga keltiring

Sizga zo‘r harakatlarni talab qiladigan yoki qiziqtirib qo‘yadigan shov–shuvli hech nimani hikoya qilolmasligimdan afsusdaman, ammo vaznni va qaddi–qomatni nazorat qilish borasida hech qanday “sir”ning o‘zi yo‘q. Tartib–intizom kerak, xolos, bu esa necha–necha asrlardan buyon ma’lum.

Ko‘pgina mijozlarim menga shunchaki ishonishmaydi. Ular kichik harakatlar bilan yoki umuman hech nima qilmasdan vazn bilan bog‘liq muammoni hal etadigan qandaydir yangicha inqilobiy kashfiyotlardan hamon umid qilishadi yoki parhezni buzishadi va tashlagan barcha kilogrammlarini yana to‘plab olishadi. So‘ngra esa yana parhezga o‘tishadi va yana ishtahalariga erk berishadi. Ular ertami–kechmi taslim bo‘lishadi va har qachongidan ko‘ra ham semizroq bo‘lib qolishadi.

Haqiqat shuki, vaznni nazorat qilish dasturi faqatgina hayot tarziga aylangandagina ta’sir qiladi. Tana, shu jumladan ayol tanasi, – yoqilg‘i talab qiladigan mashina. Mabodo tana haddan ziyod “yoqilg‘i” to‘plab, uni ishlatmasa, bu yoqilg‘ini yog‘ sifatida saqlaydi. Demak, agar semirishni istamasangiz, tanangiz qabul qiladigan barcha yoqilg‘ini ishlatib yuborishingiz kerak. Ozish uchun esa yanada ko‘proq yoqilg‘ini sarflashingizga to‘g‘ri keladi.

Yoqilg‘i bu siz iste’mol qilayotgan mahsulotlar, albatta, uni esa jismoniy harakatlar bilan ishlatib yuborasiz. Siz uning qanchadir miqdorini hech nima qilmasdan ham sarflab yuborasiz, lekin u mashqlar tufayli tezroq ishlatiladi. Agar siz tez–tez shug‘ullanib tursangiz, ko‘proq iste’mol qilishingiz mumkin, negaki siz ko‘proq yoqilg‘i sarflaysiz. Biroq, mening fikrimcha, kamroq yeb, ko‘proq shug‘ullanish osonroq.

Ha, bilaman, sizningcha, ishtahangiz chakki emas. Biroq barchamizda ham ovqatlanishga bo‘lgan talab bor – biz yeguliksiz ochlikdan o‘lib qolamiz. Ochlik tuyg‘usi – vaznni yo‘qotishga qaratilgan maqbul reaksiya, negaki tanamiz vaznni yo‘qotishning oldini olishga dasturlangan. Lekin bu kamroq iste’mol qilish mumkin emasligini anglatmaydi – bu faqatgina ayni vaqtda ochlikni his etishingizni bildiradi, xolos.

Siz meva–sabzavotlardan ko‘proq iste’mol qilishingiz mumkin. Sovutgichni hamisha ularga to‘ldirib qo‘ying. Teringiz toki to‘q sariq rangga kirmagunicha sabzi chaynang (hazil). Imkon qadar shakar va yog‘ iste’mol qilishni kamaytiring. Agar o‘ta kaloriyali nimadandir (misol uchun, muzqaymoqdan) to‘yguncha yeb olishga ishtahangiz ochilgan bo‘lsa, umuman sotib olmaganingiz ma’qul. Ehtimol, bu o‘z ustingizdan nazorat yo‘qotmasligingizning yagona usulidir. Farzandlaringiz va eringiz shikoyat qilishlari mumkin, ammo bu ularning o‘zlariga yaxshi, negaki ular shu tarzda siz kabi sog‘lom bo‘lishadi.

Aerobika ortiqcha kilogrammlardan qutulishingizga yordam beradi, shu bilan birgalikda o‘pkangiz va yuragingiz sog‘lom holatda bo‘ladi. Buning uchun ikki kunda bir marotaba taxminan 30 daqiqa mobaynida yurak urishini eng yuqori ko‘rsatgichidan 60–70 foizgacha oshirish uchun jismoniy mashg‘ulotlar o‘tkazish yetarli. (Yuragingiz urishining eng yuqori darajasini aniqlash uchun 220 koeffitsentidan o‘z yoshingizni chiqarib tashlang; so‘ngra aerobika mashg‘ulotlarida yoshingizga to‘g‘ri keladigan eng qulay yurak urishini aniqlash uchun eng yuqori darajadagi yurak urishingizni 0,7 koeffitsentiga ko‘paytiring.)

Biz Joys bilan bir xil tartibda parhez saqlaymiz, shuningdek, imkon bo‘lganida birgalikda jismoniy mashqlar bajaramiz. Biz bir–birimizga vaznimizni nazorat qilishimizga yordam beramiz. Mening ham, xotinimning ham qarindoshlarida keksa yoshda semirishga moyillik bor, Joys ikkalamiz esa bunga yo‘l qo‘ymaslikka kelishib olganmiz.

Agar siz ortiqcha vazndan qutulishga va endi boshqa semirmaslikka kelishib olgan bo‘lsangiz, parhez va jismoniy mashqlarni o‘z ichiga oladigan yangi hayot tarzini boshlashingiz lozim va bunda eringizning ham ishtirok etishi zarur. Bu esa eringizning parhezingizga kirmaydigan oziq–ovqatlardan o‘zini tiyishi va siz bilan birgalikda sport zaliga borishini anglatadi. Qachonki siz ikkalangiz ham ana shunday hayot tarziga asosan yashashga qaror qilganingizda, muvaffaqiyat qozonishga bo‘lgan imkoniyat ancha ortadi.

Qadr–qimmatning afzalligini bildirish uchun kosmetikadan foydalaning

Rouz qabulimga kelganida batartib ayoldan ko‘ra ko‘proq masxarabozga o‘xshardi. Garchi uning qandaydir yoqimtoy jihatlari ham bo‘lsada, barchasi boshqalar e’tiborini tortish uchun qo‘llanilgan quyuq bo‘yoqlar ostida qolib ketgandi. Ayol jozibador ko‘rinishga qanchalik uringan bo‘lishiga qaramay, nimadir o‘xshamagandi. Makiyaj unga yordam berolmagandi.

Pardoz–andoz qilish Qadimgi Misr davridan buyon mavjud. Ko‘p milliardli pardoz–andoz mahsulotlari sanoati taraqqiy etgan bugungi kunda hech bir ayol go‘yo unga hech nima yordam berolmayotganini aytib o‘zini oqlay olmaydi. Pardoz–andozdan foydalanmaydigan yoki noto‘g‘ri foydalanadigan ko‘pchilik ayollar undan o‘zlariga zarur bo‘lgan yordam olishni istashmaydi, xolos.

Ayrim ayollar hech qachon makiyaj qilishmagan va buni qanday qilishni tushunishmaydi. Xuddi Rouz bilan bo‘lganidek, men ba’zan “begona hududdga qadam qo‘yaman” va yordam uchun o‘z ishining ustalariga murojaat qilishlarini taklif etaman. Ba’zi bir pardoz–andoz salonlari yoki yirik univermaglar ayollarga ilk qadamni qo‘yishlariga yordam berish uchun bepul maslahatlarini taklif etishadi. Ko‘p narsalar maslahat beradigan insonning bilimdonligiga bog‘liq, ammo ko‘plab mutaxassislar ayollarga pardoz–andoz mahsulotlaridan foydalanishda yaxshi natijalarga erishishlariga yordam berishlari mumkin. Bundan tashqari, ko‘pgina jurnallarda bu maqsadga erishish yo‘lida ko‘mak beradigan maqolalar chop etiladi.

Men ko‘plab ayollarning tashqi ko‘rinishlari hayratomuz tarzda o‘zgarganlariga guvoh bo‘lganman. Yolg‘iz ayollardagi bu o‘zgarishlar natijasida deyarli hamisha yolg‘iz erkaklarning ularga nisbatan diqqat–e’tiborlari ortar va tez–tez uchrashuvlarga taklif etishardi. Oilali ayollarga kelsak, agar ular erlari uchun go‘zallashmoqchi bo‘lsalar, erlar bunday o‘zgarishlarni qadrlashadi va qo‘llab–quvvatlaydilar. Ishonchingiz komil bo‘lsin, bu nafaqat sizga yoqadi – eringiz ham pardoz–andoz bilan qilgan o‘zgarishlaringizni jozibadorlik deb baholaydi. Sizning maqsadingiz uning sizdagi tashqi jozibadorlikka bo‘lgan ehtiyojini qondirish ekanligi doimo yodingizda bo‘lsin.

Eringizga yoqadigan soch turmagi qiling

Soch turmagi va sochning rangi – ayollar uchun yana bir nozik mavzu. Ular har yili bo‘yoqlar, chayqatmalar, shampunlar, sochni jingalak qiladigan suyuqliklar, sochni tekislash va kestirish uchun milliardlab dollar xarajat qilishadi. Men so‘rayman: nega va kim uchun?

Agar ayol eriga xush yoqadigan nimadir qilish uchun shuncha vaqtini va pulini sarflab, o‘ziga qulay tuyuladigan nimagadir ega bo‘lishni istasa ajoyib va qoyilmaqom emasmi? Biroq ayol qandaydir sartaroshga o‘zi bilgan holda eriga yoqmaydigan soch turmagi qilishiga ruxsat bersa, u o‘z–o‘ziga va eriga qarshi harakatni boshlagan bo‘ladi. Soch bo‘yoqlari ishlab chiqaruvchi mashhur sanoatchi o‘z mahsulotlarining narxi balandligini oqlash uchun ayollarga deydi: “Axir sizlar bunga munosibsizlar”. Yanada aniqroq qilib aytsak, eringiz bunga munosib. Mabodo unga sochni qandaydir turmaklash yoki rangi yoqmaydigan bo‘lsa, ana o‘shalarni tanlamang. Soch turmagini yoki rangini o‘zgartirishdan avval eringiz bilan maslahatlashib, uning fikrini bilib qo‘ysangiz yaxshi bo‘lardi. Zero oxir–oqibat buning mohiyati shundaki, siz unga jozibador bo‘lib ko‘rinmoqchisiz.

Yoki shunday emasmi? Ayrim ayollar bu fikrga qo‘shilmasliklari mumkin. Ular o‘zlariga nima yoqsa, shuni qilishga haqli ekanliklariga turib olishadi yoki erlariga shu tarzda yoqishga majbur bo‘lsalar, buning nohalollik va hatto tahqirlash ekanini ta’kidlashadi.

Men ayollarni o‘zlariga yoqmagan soch turmaklari qilishlariga chorlamoqchi emasman. Albatta, ayollarga o‘zlarining tashqi ko‘rinishlari yoqishi kerak va ular o‘zlarini jozibador his etishlari lozim. Mabodo erga xotini toqat qilolmaydigan nimadir yoqsa, kelishuv yo‘llarini topishga to‘g‘ri keladi. Ishonchim komilki, ular ko‘plab soch turmaklaridan ikkalasiga ham yoqadiganini tanlashlari mumkin.

Xuddi boshqa barcha narsalar kabi, soch turmagi ham erning Sevgi Banki hisobidagi mablag‘larini ko‘paytirishi yoki kamaytirishi mumkin. Agar xotin erining jozibador turmush o‘rtog‘iga bo‘lgan ehtiyojini tushunsa, ko‘zlangan maqsadga erishish uchun uning xohishlarini e’tiborga oladi. Shu tariqa ayol erini durustgina didga ega bo‘lgan aqli raso odam sifatida tan olishiga imkoniyat yaratiladi (buni o‘z tajribamdan bilaman).

Libos ayolni namoyon etadi

Ko‘hna maqolda aytilgan: “Erkakni kiyim erkakka o‘xshatadi”, ammo bizning jamiyatimizda libos ayolni namoyon etadi. Libos ayolni ko‘rkamroq va yoqimliroq ko‘rsatishi yoki aksincha, hammasini barbod qilishi mumkin. Biz pardoz–andozga va soch turmaklariga nisbatan qo‘llaydigan qoidani liboslarga ham qo‘llaymiz: shunday kiyiningki, eringiz uchun jozibador bo‘ling.

Urflar kelib–ketaveradi, ba’zan liboslar urfi bema’nilikdan toki halokatli darajagacha o‘zgaradi. Mazkur sohaning ayrim mutaxassislari doimiy ravishda ijodiy izlanishga chorlasalar ham, bitta asosiy qoida hukmronlik qiladi: ayollarning birorta libosi aksariyat erkaklar uchun ko‘rimsiz bo‘lib qolganida, bu libos urfda uzoq qolib ketmaydi.

Ayol ko‘cha–kuyda qanday liboslar kiyib yurishiga qanchalik ahamiyat bersa, tungi ko‘ylaklar va pijamalar tanloviga ham bundan kam e’tibor qaratmasligi kerak. Ayol tungi kiyimni faqat eri uchun kiyadi. Siz bigudi (sochingizni jingalak qiladigan moslama) va yuzingizdagi yopishqoq pardoz–andoz niqobi bilan eskirgan tungi ko‘ylakda to‘shakka yotar ekansiz, hisobingizga “ sevgi birliklari” qo‘shmaysiz. Agar to‘shakda “hech kim ko‘rmaydi–ku” degan xayolda to‘zg‘igan eski tungi ko‘ylak kiyadigan bo‘lsangiz, eng asosiysini e’tibordan chetda qoldiribsiz: sizni bitta juda muhim va maxsus inson ko‘radi, xo‘sh, nega endi chiroyliroq nimadir kiymaslik kerak? Albatta, eringiz buni qadrlagan bo‘lardi.

Shaxsiy gigiyenaga nima deysiz?

Rostini aytganda, shaxsiy gigiyena masalasida yordamga muhtoj bo‘lgan ayollarni kamdan kam uchratganman, lekin ko‘plab erkaklarga bu muammoni hal etishlariga yordam berganman. Zero ayollar ham ba’zan ko‘rkam turmush o‘rtog‘iga ehtiyoj sezishar ekan, mazkur bobda shaxsiy gigiyena masalasiga e’tibor qaratishga to‘g‘ri keladi.

Kent ishlari ancha yurishgan fermer bo‘lib, uning ko‘p millionli boyligi bor edi. U Jessikadan o‘ziga turmushga chiqishini so‘raganida, ayolni faqat uning millionlari qiziqtirgan. Kent tartibli odam edi, lekin hayotining katta qismini bo‘ydoqlikda o‘tkazgani uchun o‘z tashqi ko‘rinishiga e’tibor qaratishga ko‘nikmagandi. Jessika uning tashqi ko‘rinishiga barmoq orasidan qarashga va faqat undagi ichki sifatlarni – va pulini – sevishga qaror qildi. Ammo baribir to‘ydan so‘ng ayol erining tashqi ko‘rinishidan ko‘ngli ayniyotganini tushundi.

Ular ilk marotaba qabulimga kelishganida, Kent xotini u bilan to‘shakda birga bo‘lishdan bosh tortayotgani haqida arz qildi. Ayol har xil bahonalarni o‘ylab topgan va er o‘zlariga maslahatchining yordami kerakligi haqidagi xulosaga keladi.

– Men u bilan shunchaki jinsiy aloqa qilolmayman, axir, – tushuntirdi ayol. – Men unga turmushga chiqayotganimda, asta–sekin yoqib qoladi deb o‘ylagandim, lekin aslida u tobora yoqimsiz bo‘lib boryapti. Ehtimol, u men bilan ajrashar, lekin men o‘zimni majburlay olmayman.

Kent mening xonamga kirganida, undan taralayotgan hiddan hushimni yo‘qotishimga sal qoldi. U tamaki chaynab turar, qolaversa, tishlari tamakining quyuq qatlami bilan qoplangandi. Sochlari to‘zg‘igan, kiyimi esa shu turishda uxlagandek g‘ijim edi. Men tozalik bilan muammosi bo‘lgan boshqa erkaklarga avval ham maslahat berganman, ammo Kent kutganimdan ham oshib tushgandi.

– Xotinimga jinsiy aloqa yoqmaydi, – u muammoning sababini shunday deb bilardi.

Menda esa boshqa cha taxmin bor edi.

– Menimcha, sizga yordam berishim mumkin, – javob berdim men. – Ammo barcha tavsiyalarimni bajarishingizga to‘g‘ri keladi. Bir necha hafta ana shunga amal qilsangiz, muammongiz hal bo‘ladi.

Men unga shunday topshiriq berdim:

  1. Har kuni ertalab va kechqurun dush qabul qiling.
  2. Jessikadan kiyim–kechagingizni yangilashga yordam berishini so‘rang. Har kuni nimani kiyishingizni ayolingiz tanlashiga ruxsat bering. Agar kecha kiygan biror kiyimingiz yuvilmagan bo‘lsa, uni hech qachon kiymang.
  3. Tish shifokori huzuriga borib, tishingizdagi qatlamalarni olib tashlang. Jessika oldida hech qachon tamaki chaynamang va u bilan uchrashishdan avval tishlaringizni tozalab oling.
  4. Ertalab nonushta oldidan soqolingizni olib, sochingizni tarang.

Bu topshiriqni bajarish Kentdan chinakamiga qat’iyatni talab qilardi. U hafta mobaynida yuvinmay yurishga ko‘nikkandi. U har kuni o‘sha–o‘sha shim va ko‘ylakda yurar va o‘smirlik yoshidan buyon biror marta ham tish doktori oldiga bormagandi. Biroq men bu topshiriq unga Jessika bilan jinsiy aloqalarini tiklashga yordam berishini aytganimda, tavsiyalarimni bajarishga rozi bo‘ldi.

So‘ngra esa Jessikaga bu vazifaning bir qismini topshirdim: Kentga yangi kiyimlar sotib olish, har kuni nimalar kiyishini tanlash va kiyimlari toza–ozoda ekanligini nazorat qilib borish. Shuningdek, men undan Kent o‘z zimmasidagi vazifani bajarganidan so‘ng, bir hafta mobaynida har kuni eri bilan qovushib turishining imkoni bor–yo‘qligini so‘radim.

Biz kelishib oldik va Kent tish doktori oldiga va kiyim–kechaklar do‘koniga bordi. U kelishuvning o‘ziga tegishli qismini bajardi, Jessika ham xuddi shunday. Erining tishlari, tanasi va kiyimlari toza bo‘lganida, Jessika u bilan hafta mobaynida har kuni qovushib turdi.

Ularning navbatdagi tashrifida Kentni zo‘rg‘a taniy oldim. Qanchalik keskin o‘zgarish! Ular qabulxonada meni kutgancha, bir–birlarining qo‘llaridan ushlab o‘tirishardi. Er-xotin mening yordamimsiz ham uzoq muddatli kelishuv tuzib olishibdi: agar er o‘z tozaligini saqlab yursa, xotini uni to‘shakda ishq lazzatidan bahramand etishda davom etaveradi. Ularning jinsiy aloqaga oid muammolari ana shu tarzda muvaffaqiyatli hal bo‘ldi.

Ishonchim komilki, ular o‘shandan buyon har kuni qovushib turganlari yo‘q, ammo ikkalasi ham o‘zlarining jinsiy aloqaga bo‘lgan ehtiyojlari qondirilganidan xursand. Kent Jessika haqida o‘ta muhim masalani bilib oldi. Erning tashqi ko‘rinishi, ayniqsa, undan taraladigan hid xotini uchun jinsiy aloqa borasida muhim ekan. Dastlab ayol tashqi ko‘rinish ahamiyatsiz ekaniga va erining qanday ko‘rinishiga e’tibor bermay sevishiga ishongandi. Ammo erning o‘z tozaligi borasida amalga oshirgan o‘zgarishlari ayolning jozibador turmush o‘rtog‘iga bo‘lgan ehtiyoji erini shu holicha qabul qilishga bo‘lgan tayyorgarligidan ko‘ra kuchliroq ekanini isbotladi.

Ko‘pchilik erkaklarda tozalik muammosi Kent bilan bo‘lgani kabi darajaga yetib bormaydi, lekin bundan kichikroq muammolar ham xotinlarga salbiy ta’sir qilishi mumkin, ayniqsa, to‘shakdagi ishqiy mashg‘ulotlar paytida. Ayol sevimli erkak bilan jismoniy yaqinlik qilishni istaydi, agar erkak yaxshi ko‘rinishda bo‘lib, yoqimli hid taratayotgan bo‘lsa bu yanada ko‘proq lazzat bag‘ishlaydi.

Jozibadorlik, bu ehtiyoj demakdir

Sizlardan qaysi biringiz jismoniy ko‘rkamlikka intilishning zarur ekanligiga ishonsangiz, tashqi ko‘rinish aslida nima ekanligini bilishingiz lozim. Bu kimgadir yoqimli tuyg‘ular baxsh etishni anglatadi, xolos. Siz o‘z tashqi ko‘rinishingiz bilan hissiy ehtiyojni qondirasiz. Odamlar ko‘p narsalarda jozibador bo‘lishlari mumkin. Kimda o‘ziga jalb etish xususiyati bo‘lsa u boshqalarning hissiy ehtiyojini ham qondiradi, biroq ular aslida o‘z tashqi ko‘rinishlari hisobidan emas, balki ko‘proq darajada muloqot qilish va mehribonlik ko‘rsatish mahorati orqali o‘z hisoblariga sevgi birliklarini qo‘shib qo‘yishadi. Aslida kimdir bizning hissiy ehtiyojlarimizni qondirganida, biz uning jozibador inson ekanligini aytamiz. Agar tashqi ko‘rkamlik turmush o‘rtog‘ingizning hissiy ehtiyojlarini qondirar ekan, nega unga e’tiborsiz bo‘lishimiz kerak? Nega bunday imkoniyat berilganida, o‘z hisobimizni to‘ldirib olmasligimiz kerak?

Ayrim odamlar uchun – masalan, biz bobning avvalida gapirib o‘tgan Nensi kabi kishilar uchun, – jismonan jozibador bo‘lish istiqboliga umuman yetishib bo‘lmaydigandek tuyuladi. Ba’zi holatlarda buning sababi shundaki, bu kabi ayollar uydirmalarga, ya’ni kimlarningdir jozibador, boshqalarning esa ko‘rimsiz bo‘lib tug‘ilishiga ishonishadi. Biroq haqiqat Uillard Xarlining To‘rtinchi Xulosasida keltirilgan:

Jozibadorlik – bu o‘zingizda nimaiki bor bo‘lsa,

undan foydalanish demakdir.

Har qanday ayolga tashqi ko‘rinishining – qaddi–qomatini, soch turmagini, kiyinish uslubini, hatti–harakatlarini, makiyajini va shu kabi – jihatlarini baholab olishi foydali bo‘lardi. U eridan o‘zini xolisona baholashini so‘rashi kerak, agar iloji bo‘lsa, mutaxassislardan yoki ishonchli do‘stlaridan maslahat olsin. So‘ngra esa ayol qaysi jihatlarda o‘zgarishi zarurligini aniqlab, o‘z oldida bu o‘zgarishlarga erishishni maqsad qilib qo‘yishi lozim. Ba’zilarda o‘zgarish uchun yillar talab etilsa, ayrimlar bir haftada o‘zgarishlari mumkin. Ammo oxir–oqibat tashqi o‘zgarishlar shunchalik ahamiyat kasb etadiki, butun hayotingizni yaxshi tomonga burib yuboradi.

Tushkunlikdan aziyat chekkan Lidiya ismli mijozim ayol kishining o‘z tashqi ko‘rinishini yaxshilash orqali yutib chiqishi mumkinligini yaqqol namoyon etdi. Bu o‘ta yorqin va maftunkor ayol o‘ziga chindan ham munosib bo‘lgan erkaklar bilan uchrashishni istardi, lekin u tashqi ko‘rinishiga unchalik ham e’tibor bermasdi. Men unga ko‘pchilik erkaklar uchun tashqi ko‘rinish qanchalik muhim ekanligini eslatib o‘tdim. O‘z–o‘zidan tushunarliki. Ayol uchun bu beshta asosiy ehtiyojlaridan biri emasdi – xushtorlarining tashqi ko‘rinishi uni mutlaqo qiziqtirmasdi. Ammo, harholda, ayol orzu qilgan erkakning o‘zi go‘zal xotinga ehtiyoj sezgan. Mabodo ayol uni o‘ziga jalb etmoqchi bo‘lsa, erkakning bu ehtiyojini qondirishiga to‘g‘ri kelardi.

Ayolga o‘zidagi butunlay o‘zgarishni oxirigacha yetkazishi uchun olti oy kerak bo‘ldi. Shu vaqt oralig‘ida Lidiya hayratomuz darajada go‘zal ayolga aylandi. Ayol bilan avvaldan tanish bo‘lgan va unga yoqadigan erkaklar uchrashuvga taklif etishni boshladilar. Ayolning tushkunligidan asar ham qolmadi va endi mening xizmatimga ortiq muhtoj emasdi.

Men Lidiyani oxirgi marta ko‘rganimda, unga Nensining xatosini qilmasligini eslatib qo‘ydim (Nensi erkakni mahliyo etish uchun o‘ziga oro bergan va to‘ydan so‘ng esa o‘zini “tashlab” qo‘ygandi). Lidiya er topish uchun o‘zida qilgan o‘zgarishlar uzoq muddatli bo‘lishi kerakligini bilardi, negaki erning tashqi go‘zallikka bo‘lgan hissiy ehtiyoji to‘ydan so‘ng ham yo‘qolib ketmaydi.

Agar siz umr yo‘ldoshingizga yoqimli nimanidir qilishni bilsangiz, buni har qanday vaziyatda ham amalga oshirish mantiqan to‘g‘ri emasmi?

Xotinning jozibadorligi ko‘pincha baxtli oilaning muhiy hayotiy qismi hisoblanadi va bunga ko‘z yumgan xotin – buning sababi qanday bo‘lmasin, – olov bilan o‘ynagandek bo‘ladi. Bu ayrim erkaklarga ham taalluqli. Men o‘z mijozlarimda kuzatgan tashqi o‘zgarishlar turmush o‘rtoqlarining ehtiyojlarini qondiribgina qolmay, o‘zlariga beradigan baholarini ham oshirgan. Bu o‘zgarishlar ularga ishlarida omad keltirib, salomatliklarini yaxshilagan. Bu oilaviy turmush bilan birgalikda hayotning boshqa ko‘plab jabhalarida natijasi ko‘rinib turadigan yutuqlardan biridir.

Ayol tashqi ko‘rinishidagi ijobiy o‘zgarishlarga nisbatan erining reaksiyasini ko‘rganida, to‘g‘ri qaror qabul qilganini tushunadi, bu erining eng muhim ehtiyojlaridan birini qondirish imkonini beradi. Er xotinini har safar ko‘rganida, uning Sevgi Bankidagi ayolining hisobi ortib boraveradi.

Ayol uchun savollar:

  1. Erimning mendagi jozibadorlikka bo‘lgan ehtiyojini jiddiy qabul qilyapmanmi? Agar shunday bo‘lmasa, buning sababi nimada?
  2. Aksariyat paytlardagi tashqi ko‘rinishim erimga chindan ham yoqadimi? Mening o‘zimga–chi?
  3. Men tashqi ko‘rinishim uchun qancha vaqt sarflayman? Qaddi–qomatim qanday? O‘z go‘zalligimni yaxshiroq ko‘rsatish uchun pardoz–andozdan foydalanamanmi? Tashqi ko‘rinishimdagi ayrim o‘zgarishlar bilan erimga zavq bag‘ishlash uchun vaqti–vaqti bilan soch turmagimni o‘zgartirib turamanmi?

Erkak uchun savollar:

  1. Bu nikohdagi asosiiy ehtiyojlardan biri ekanini tan olishga tayyormanmi? Agar shunday bo‘lmasa, buning sababi nimada?
  2. To‘yimizdan so‘ng xotinimning tashqi ko‘rinishi yoqimsizroq bo‘ldimi? Uning ko‘rinishi menga chindan ham yoqadimi yoki ranjitmaslik uchun faqat shunday deymanmi?
  3. Mabodo xotinim tashqi ko‘rinishida qandaydir o‘zgarishlar qilmoqchi ekanini aytsa, undan aynan nimani so‘ragan bo‘lardim? Nima uchun?
  4. Mening tashqi ko‘rinishim xotinimga qanday ta’sir qiladi? Hozirgi ko‘rinishim unga yoqadimi? Men tashqi ko‘rinishimni yaxshilash masalasida erinchoqlik qilmayapmanmi?

Er-xotin uchun fikr–mulohazalar:

  1. Fotosuratlaringizni – ayniqsa, uchrashib yurgan paytlaringizda va to‘yda tushirilganlarni – oling. Hozirgi ko‘rinishingiz bilan o‘sha paytdagi tashqi ko‘rinishingizni taqqoslang. Tashqi ko‘rinishingizni o‘zgartirishingiz kerakmi? Qay tarzda?
  2. Yuqorida berilgan savollarga bergan javoblaringizni bir–biringizga ko‘rsating. Xushmuomala, ammo rostgo‘y bo‘ling.

“Erkak ehtiyoji, ayol ehtiyoji” kitobi oila haqidagi eng yaxshi kitob sifatida reytingni takror va takror boshqarib kelmoqda, negaki bu kitob boshqa asarlardan farqli ravishda erlar va xotinlar nimaga ko‘proq muhtoj bo‘layotgan bo‘lsalar, aynan o‘shani bir–birlariga berishlariga ko‘maklashadi.

“Erkak ehtiyoji, ayol ehtiyoji”ni o‘qigan million nafardan ko‘p juftliklar oila o‘chog‘idagi alangani saqlab turishni o‘rganib oldilar va endi kitobni boshqa odamlarga ham tavsiya etishmoqda. Doktor Xarlining samarali maslahatlari va tajribalari sharofati bilan oilaviy hayotlarida ajoyib o‘zgarishlar yuz bergan insonlar safiga qo‘shiling. Siz baxtli nikohning faqat orzu bo‘libgina qolmay, balki haqiqiy hayotingizga aylanishini ko‘rasiz


Книга на Узбекском языке: Его нужды, Ее нужды (Уиллард Ф. Харли-мл.)

«Его нужды, Ее нужды» неизменно считается лучшей семейной книгой, потому что, в отличие от других произведений, эта книга призывает мужей и жен давать друг другу то, в чем они нуждаются больше всего.

Более миллиона пар, прочитавших «Потребность мужчины, потребность женщины», научились поддерживать пламя и теперь рекомендуют эту книгу другим. Присоединяйтесь к рядам людей, которые добились замечательных изменений в своей семейной жизни благодаря эффективным советам и опыту доктора Харли. Вы увидите, что счастливый брак станет не просто мечтой, а вашей реальностью.



Shu bobni eshitish:


AUDIOKITOB ►
butun kitobni tinglang

Kitoblar

Qaysi kitoblarni tinglashni istaysiz?
Qaysi kitoblarni tinglashni istaysiz?

docs.google.com/forms

Xush kelibsiz!

Яхши аудио Китоблар
Audiokitoblar Uzbek tilida


Kinolar va Multiklar
Kinolar Uzbek tilida


Audiokitob - Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd
Audiokitob Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd


Аудио Кутубхона
Audiokitob Uzbek tilida

Telegram bot: @audio_kito_bot
Kanal: @kitoblar_elektron_uz



Sharhlar

...ҳар куни — байрамнинг биринчи кунидан охирги кунигача Худонинг Таврот китобидан ўқиб берди...

...kunidan oxirgi kunigacha Xudoning Tavrot kitobidan o‘qib berdi...
Naximiyo 8:18



Yaxshi audio kitoblarni yuklab oling uzbek tilidagi

Фарзандингиз учун қай тариқа чўпон бўлиш мумкин? (Тед Трипп)    Энага яна ёрдамга шошади (Мишель Лароу)    Сандон устида (Макс Лукадо)  Гувохлик ва биография (Николай Бойко Ерофеевич)    Турмуш ўртоғингиз нотўғри ёъл тутганда, Сиз тоғри ёъл тудинг (Лесли Верник)    Матонат соҳиби (Джош Макдауелл)    Бахтли оила (Абдулла Рашидов)    Zamonamiz durdonasi (Nikolay Boyko)    Худди Исо Каби (Макс Лукадо)    Уни Нажоткор деб аташлари таажжубли эмас (Макс Лукадо)    Дарбадар ўгилнинг қайтиши (Генри Нувен)    Худо жуда яқин келди (Макс Лукадо)    Эски Аҳд аёллари ҳақида вазлар (Чарлз Спержен)    Iso bizning taqdirimiz (Vilgelm Bush)    Сиз осмонда қилолмайдиган иш (Марк Кехилл)    Дарбадар ўғил (Чарлз Спержен)    Ҳомиладорлигим кундалиги (Вера Самарина)    Иброҳимнинг оиласи: парчаланган шажарани шифолаш (Дон Мак-Керри)    Зулматдаги нур (Доктор Джеймс ва Ширли Добсон)    Митти Тиллақўнғиз ва Серқуёш ўтлоқзор аҳолиси (Майя Огородникова)    Подшоҳнинг сири  (Урусла Марк)    Яна қароқчилар қўлидами? (Урусла Марк)    Қароқчиларникидай  эмас (Марк Урусла)    Эътиқод уфқлари (Георгий Винс)    (Биродар Андрей ва Алекс Янсен) Сирли масиҳийлар    Масиҳийлик таълимоти асослари (Роберт Спраул)    Ҳаёт бўронларига бардош беринг (Пол Эстебрукс)    Абадийликка ишонаман (Николай Ерофеевич Бойко)    Ўсмир ибодатининг кучи (Сторми Омартиан) kitob Uzbek tilida    Чегарасиз хает (Ник Вуйчич) kitob Uzbek tilida    Севимли инсоннинг ҳаёти (Генри Нувен) kitob Uzbek tilida    Довюраклар (Макс Лукадо) kitob Uzbek tilida    Бирга қилинган ибодатнинг қудрати (Сторми Омартиан) kitob Uzbek tilida    Хузур халоват амрлари (Джон Макартур) kitob Uzbek tilida    Саботли инсон (Джош Макдауелл) kitob Uzbek tilida    Shijoatkor (Nik Vuychich) kitob Uzbek tilida    Мақсад Сари Йўналтирилган Ҳаёт (Рик Уоррен) kitob Uzbek tilida    Чалғитиш номли душман (Джон Мэйсон) kitob Uzbek tilida    Мафтункор Гўзаллик (Джон ва Стейси Элдридж) kitob Uzbek tilida    Севги ва ҳурмат (Эмерсон Эггерих) kitob Uzbek tilida    Ayollar... (Nensi Demoss) kitob Uzbek tilida    Хакиат асоси (Джон Стотт) kitob Uzbek tilida    ИБОДАТГЎЙ АЁЛНИНГ КУЧИ (СТОРМИ ОМАРТИАН) kitob Uzbek tilida    ТЎҒРИ ҚАРОР (Джош ва Дотти Макдауэлл) kitob Uzbek tilida    Нега? (Филип Янси) kitob Uzbek tilida    Hayotdagi yetakchilik va ijodiy salohiyat (Rik Joyner) kitob Uzbek tilida    Ishayo 53 sharxlar (Mitch Gleyzer) kitob Uzbek tilida    Xudoga qay tarzda manzur bolish mumkin (Robert Charlz Spraul) kitob Uzbek tilida    Mukaddas ruxning siri (Robert Charlz Spraul) kitob Uzbek tilida    Ota-ona ibodatining kuchi (Stormi Omartian) kitob Uzbek tilida    Muhabbat tilsimi (Djosh Makdauell) kitob Uzbek tilida    Xudoning qalbiga mos erkak (Jim Jorj) kitob Uzbek tilida    Enaga yordamga shoshadi (Mishel Larou) kitob Uzbek tilida    Bolaning nazaridagi qahramon (Djosh Makdauell) kitob Uzbek tilida    G‘alamisning xati (Klayv Steyplz Lyuis) kitob Uzbek tilida    Dolzarb Savollarga Javoblar (James Paker) kitob Uzbek tilida    kitob Uzbek tilida    kitob Uzbek tilida    kitob Uzbek tilida    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Bolalar Audiokitob Uzbekcha    Bolalar kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Hamdu Sanolar Uzbekcha    Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musika



Kitobook – Kitoblar, AudioKitoblar: Инжил ва Muqaddas Kitob ва Инжил Каракалпак