Ayollar ishongan yolg‘on va ozod qiladigan haqiqat (Nensi Demoss) 4 bob

Ненси демосс. Аёллар ишонган ёлғон ва озод қиладиган ҳақиқат - (4-боб) Китоб Ўзбек тилида

Ayollar ishongan yоlg‘on va ozod qiladigan xaqiqat (Nensi Demoss) O‘zbek tilida audiokitob Ненси демосс. Аёллар ишонган ёлғон ва озод қиладиган ҳақиқат - (Аудиокитоб) Китоб Ўзбек тилида

 

 

MUNDARIJA

MUQADDIMA

XOTIRA DAFTARIM

1-QISM. KIRISH SO‘ZI

2-QISM. AYOLLAR ISHONGAN YOLG‘ON

2 BOB. Xudo haqida

3 BOB. O‘zim haqimda

4 BOB. Gunoh haqida

5 BOB. Ustunliklar haqida

6 BOB. Nikoh haqida

7 BOB. Bolalar haqida

8 BOB. His-tuyg‘ular haqida

9 BOB. Hayotiy vaziyatlar haqida

III QISM. HAQIQAT SO‘QMOQLARIDAN YURISH

10 BOB. Haqiqat yolg‘onga qarshi

11 BOB. Bizni ozod qiladigan haqiqat

XOTIMA


4 BOB. Gunoh haqida

   • Gunoh qilsam ham bu uchun menga hech narsa bo‘lmaydi.

   • Men qilgan gunoh aslida bu darajada jiddiy emas.

   • Xudo meni qilmishim uchun kechirolmaydi.

   • Qilgan ishlarim va munosabatim uchun to‘liq javob bermayman.

   • Gunohni har safar yengishga men qodir emasman.

   • Yolg‘onga haqiqatni qarshi qo‘ying.

   • Amalda qo‘llash.

Xotira daftarim.

Adan bog‘ini tashlab ketganimizga olti oy bo‘ldi, biroq hali hanuz biz o‘zimizga kelolganimiz yo‘q. Odam Ato hammasida meni ayblaydi. Bilaman, ilonning gapiga kirmasligim kerak edi. Biroq Odam mening yonimda edi-ku. Nima uchun u hech narsa qilmadi? U ham men bilan birga yedi.

Chinini aytaman, o‘sha paytda buning bu darajada jiddiy tus olishini bilmaganman. Endilikda o‘zimni ayblashdan boshqa chora topolmayapman: qanday qilib Xudoga qarshi bosh ko‘tara oldim, Axir U biz uchun shuncha yaxshilik qildi?! Endi avvalgi munosabatlarni tiklay olamizmi? Har safar Xudoga murojaat qilishga uringanimda, o‘rtamizda katta devor paydo bo‘lganini his qilaman.

Xudoga itoat qilish bu qadar qiyin bo‘lishi, tabiatim bunga qarshi chiqishini kutmagan edim. Misol uchun, o‘sha kunga qadar, qachonki och qolsam – yerdim; to‘yganimni sezsam – yeyishdan to‘xtardim. Endi xuddiki hech yeb-to‘ymas bo‘lib qolgandekman, yeyishni boshlasam, to‘xtashim qiyin.

Bu hayotimda menga bo‘ysunmaydigan yagona soha emas. Tilim ham qachon qaramang pand beradi, ayniqsa o‘zimni yomon his qilgan kunlarda. Misol uchun, kecha shunday bo‘ldi. O‘zimni yomon his qildim va kun davomida alamimni Odam Atodan oldim, bo‘lar-bo‘lmas narsalar uchun ham achchiqlandim. O‘zimni bunday tutgan vaqtlarda, ochig‘i chidolmayman. Badjahl bo‘lishni, har narsadan ayb izlashni yomon ko‘raman. Biroq gohida, o‘zimni boshqarolmayotgandek sezaman.

Romerolar oilasi uyiga Salli laqabli bug‘ma ilonni sotib olganlarida, ilonning uzunligi bor yo‘g‘i 30 santimetr edi. Sakkiz yil o‘tib uning uzunligi 3,5 metrga yetdi, og‘irligi esa 36 kilogramm bo‘ldi. So‘ng, 1993 yil 20 iyul kuni Birma bug‘ma iloni – Salli o‘n besh yoshli Derek ismli bolaga hujum qildi va uni bug‘ib o‘ldirdi.

Bir qaraganda yuvosh va muloyim ko‘ringan jonivor kunlarning birida, kutilmaganda vahshiy maxluqqa aylandi. Odamlar “uy hayvonini” boqib olganlarida, undan hech qanday xavf kutmagan, lekin hayvon hujum qilib, ularning hayotini zaharladi. Qandaydir ma’noda buning hech qanday ajablanarli joyi yo‘q deyishimiz mumkin, negaki bug‘ma ilon baribir ilonligiga bordi va tabiatiga mos ish qildi.

Gunoh ham xuddi shunday. U bizni ovuntirishi, qiziqtirishi, yonimizda yotishi mumkin, lekin bu uning tabiati o‘zgaradi degani emas. Uning bosh ko‘tarishi, do‘stlashgan odamini yamlamay yutishi aniq.

Har qanday yolg‘on o‘limga olib keladi. Biroq shaytonning bizni ishontirib, Xudo haqida va gunoh haqidagi yolg‘onidan halokatlisi yo‘q. U bizni Xudo aslida O‘zi aytgan Zot emasligi, gunoh Xudo aytganchalik katta xavfli solmasligiga ishontirishga harakat qiladi. Shayton bizdan Masihning ilohiy tabiatini, gunohning mash’um oqibatini yashiradi. “Xudo sen o‘ylaganchalik yaxshi emas, gunoh sen o‘ylaganchalik dahshatli emas”, deb bizni adashtiradi.

Zamonaviy texnologiyalar fotosuratlarni shu darajada o‘zgartirib yuboradiki, eng xunuk manzaralarni ham chiroyli qilib ko‘rsatadi. Shayton ham gunohni xuddi shunday qilib ko‘rsatadi. U bor hiylasini ishga solib, rasmni buzib ko‘rsatadi va jirkanchli, dahshatli narsa ko‘zingizga ajoyib san’at asaridek ko‘rinadi.

Biroq gunohning tashqi ko‘rinishi qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, tabiati o‘zgarmaydi. Xuddi biz yuqorida aytgan, bir qarashda zararsiz, muloyimdek ko‘ringan bug‘ma ilon kabidir u, – uning o‘limga olib keladigan haqiqiy tabiati siz kutmagan kunda ochiladi.

Shayton Adan bog‘ida isyon ko‘tarilishi uchun yolg‘onni ishga soldi va bu yolg‘on oxir-oqibat biz hayolga keltirmagan oqibatlarga olib keldi. Uning bugungi kunda ishlatgan yolg‘oni aslida ilkidayoq birinchi xotinga ishlatgan yolg‘onidan mutlaqo farq qilmaydi.

Gunoh qilsam ham, bu uchun menga hech narsa bo‘lmaydi

Shayton gunoh haqida ishlatadigan asosiy yolg‘on shundan iborat. Xudo Odam Atoga: “Yaxshilik va yomonlikni bilish daraxtining mevasidan yemaysan, undan yeyishing bilanoq, shubhasiz, o‘lasan” dedi. Xudo juda tushunarli qilib yemaslikni buyurdi. Bo‘ysunmaslikning oqibati qanday bo‘lishi ham aytildi: “Shubhasiz o‘lasan” – dedi Xudo.

Shayton Momo Havoni bunday taqiq solgan Xudoning iltifoti va Xudo uning hayotini nazorat qilishga qanchalik haqli ekanligi haqida o‘ylab ko‘rishga majbur qilgach, bu bilan to‘xtamadi va uni gunohning oqibatlariga yengil nazar bilan qarashga undadi. Shayton Xudoning so‘zlariga qarshi gapirdi: “Yo‘q, o‘lmaysizlar, — dedi”. (Ibt. 3:4)

Zaburning 9-sanosida muallif odamlar nima uchun Xudoga itoat qilmasligini uch marta tushuntiradi – ular o‘z ko‘nglida bu uchun hech narsa bo‘lmaydi deb o‘ylaydilar:

“Ular o‘z ko‘nglida o‘ylaydilar: “Biz hech qachon qoqilmaymiz, Hech qachon kulfatlarga duch kelmaymiz”

“Ular o‘z ko‘ngillarida: “Xudo qilmishlarimizni unutgan, U ko‘zlarini yumib olgan, hech narsani ko‘rmaydi”, deb o‘ylaydi..”

“Nechun qabihlar Sendan nafratlanadi? Nechun o‘z ko‘nglida ular: “Xudo Mendan hisob so‘ramaydi”, deb aytadi?”

Zab. 9:27, 32, 34

Dushman quyidagilarga ishontirishni xohlaydi:

• Xudo gunohni hukm qilmaydi;

• men ekkanimni o‘rmayman;

• mening bugun qilgan tanlovim, ertangi kunimga ta’sir qilmaydi;

• cho‘g‘ ustida yurib ham oyoqni kuydirmaslikning imkonini qila olaman.

Yolg‘onning ko‘p turlarida bo‘lgani kabi, bu yolg‘onga ham biz o‘zimiz anglamagan holda ishonamiz; bunday fikrlarni hatto ochiqchasiga rad etishimiz ham mumkin. Biroq gunoh qilishni tanlasak agar, bunda hech qanday yomon taraflarni ko‘rmaganimiz sabab bo‘ladi. Shunda biz to‘yganimizga qaramay, desertning ikkinchi porsiyasini yeymiz. O‘ylamaymizki...

• bir necha soatdan keyin buning oqibatida qornimiz shishadi;

• ertaga taroziga turganimizda, nafsni tiymaganimiz uchun o‘zimizni koyib urushamiz;

• bir necha marta “bo‘sh kelish” ortiqcha vaznga, aybdorlik hissiga, kayfiyat buzilishi va depressiyaga olib keladi;

• keragidan ortiqcha yeyish yurak xastaligiga, diabetda, oshqozon faoliyatining buzilishiga yoki infarktga olib kelishi mumkin;

• bu sohada nafsimizni tiya olmasligimiz bizni boshqa, bir muncha muhimroq sohalarda ham nafs ehtiroslarga qarshi kurashishga noqobil qiladi;

• ko‘ngilga erk berish bolalarimizning ham fe’l-atvoriga o‘z ta’sirini ko‘rsatishi mumkin, ular nafsi va ehtirosini tiya olmaydigan, o‘ta ojiz bo‘lib o‘sadi.

Biz dunyoviy falsafa bilan sug‘orilgan va diyonatsizlik, beadablik, beahloqlikni targ‘ib qiladigan kitoblar, kinofilmlar, teledasturlar va musiqa bilan o‘zimizni ovuntiramiz. Shu vaqtning o‘zida o‘ylamaymizki, bu bilan...

• gunohga qarshilik qilishdan to‘xtab, gunohdan qo‘rqish kerakligini unutamiz;

• gunohga intila boshlaymiz, muqaddas hayot kechirishga bo‘lgan ishtiyoqimizni yo‘qotamiz;

• Xudo bilan munosabatlarimizda to‘siqlar yaratamiz;

• dunyoviylarga xos fikr qilishga odatlanamiz (bizning fikr-zikrimiz ohir-oqibat hayot tarzimizni belgilab beradi);

• ko‘rgan va eshitganlarimizning qanday bo‘lsa ham hayotda o‘zimiz tomondan tatbiq qilinishi ehtimolini oshiramiz;

• jinsiy yaqinlikka dunyoviy nazar bilan qaray boshlaymiz va bu bilan pokligimizning yo‘qolishiga yoki nikohimiz buzilishiga zamin yaratamiz;

• bolalarimiz va nabiralarimizning diyonatsiz va beahloq bo‘lib o‘sishi ehtimolini oshiramiz.

Biz xafa bo‘lamiz, o‘ylamaymizki, ertami-kechmi xafagarchilik...

• bizda to‘g‘ri fikrlash qobiliyatining yo‘qolishiga olib keladi;

• bizni baxtsiz, emotsional jihatdan beqaror qiladi;

• organizmimizga o‘z ta’sirini o‘tkazadi va bizda surunkali kasalliklar, charchash, tez toliqish, bosh og‘rig‘i, mushaklarning zo‘riqishi va oshqozon faoliyati bilan bog‘liq muammolar paydo bo‘ladi;

• bizga Xudo tomonidan gunohlarimiz kechirilganini qabul qilishga halaqit beradi;

• yaqinlarimizning hayotini qiyinlashtiradi va ular biz bilan aloqa qilgisi kelmaydi.

Ish joyimizda yoki tasodifan orttirgan tanishlarimiz orasida yaxshi, xushmuomalali erkak bilan yaqin munosabatlar quramiz, buning nimaga olib kelishi haqida o‘ylashni istamaymiz va oqibatda ...

• yuragimizga xiyonat urug‘ini ekamiz;

• erimizni ko‘nglimizga yo‘l topish imkonidan mahrum qilamiz, negaki voqelik ongimizni egallagan fantaziyalar bilan tenglasha olmaydi;

• o‘sha erkakning oilasini va o‘zimizning turmushimizni buzib yuborishimiz mumkin;

• bizning dastimizdan bolalarimizning hayoti buzilishi mumkin;

• bu erkak bilan zino qilmagan taqdirimizda ham, baribir kelajakda ahloqiy buzilishga yo‘l qo‘yishimiz mumkin bo‘ladi;

• biz turmush o‘rtog‘imizga, bolalarimizga, qarindoshlarimizga va Xudoga nisbatan qayta tiklab bo‘lmaydigan darajada begonalashib qolishimiz mumkin.

Biz har damda iblisning yolg‘onchi ekanligini eslatib turishimiz lozim. Xudo gunoh deb atagan narsani iblis shunday ataydi:

Bu juda yaxshi!

Buning hech qanday xavfli tomoni yo‘q.

Buning aybi yo‘q.

Bu ko‘ngilga yoqadi!

Buning hech qanday yomon tomoni yo‘q.

Bu bilan shunchaki o‘z ehtiyojingni qanoatlanirasan, xolos

Bu ilojsiz!

Haqiqat shundaki,

• ...gunoh xavfli, halokatli va buzg‘unchidir.

• ...biz ekkanimizni o‘rib olamiz.

• ...bugun qilgan har bir tanlovimizning shunga yarasha oqibati bo‘ladi.

• ... olov bilan o‘ynashsak, kuyib qolishimiz muqarrar.

• ... “gunoh yetilib, o‘limga olib boradi” (Yoqub 1:15).

Afsuski, ko‘p odamlar o‘zining tabiati, basharga xos tanlovi bilan buning turmushdagi hayotiga, sog‘ligiga, odamlar bilan va Xudo bilan munosabatlariga qanday ta’sir ko‘rsatishi o‘rtasidagi bog‘liqlikni ko‘ra olmaydi.

Gunohning lazzatlari

Iblis bizni gunoh jazosiz qolishi haqida yolg‘onga ishontirishning o‘zi bilan chegaralanmaydi. Adan bog‘ida u Momo Havoga aytdiki: “Sizlar Xudoning aytganini qilmagan taqdiringizda ham buning oqibatlaridan qutulib qolishingiz mumkin va bular hali hammasi emas. Agar bu daraxtning mevasidan yesangiz, bundan ma’lum bir foyda ham ko‘rishingiz mumkin”.

… Chunki Xudo biladiki, sizlar bu mevalardan yesangiz, ko‘zlaringiz ochilib, sizlar ham barcha yaxshi va yomon narsalarni biladigan bo‘lib, Xudoga o‘xshab qolasizlar”.

Ibt. 3:5

Boshqacha qilib aytganda, iblis xotinga oqibatlar qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, o‘zboshimchalik bilan erishiladigan lazzat buni to‘liq oqlashini uqtirdi.

Momo Havo unga ishondi, biz ham ishonyapmiz. Agar gunoh bizga zavq, lazzat berishini kutmaganimizda, unga qo‘l urarmidik? Aynan shu sababdan, “Men” («Self») jurnalida muxlislar burgan savollarga psixologning javoblari e’lon qilinadigan bo‘limda shunday yozilgan: “Nikohdan ko‘nglingiz sovugan bo‘lsa, boshqa erkak bilan ishkiy munosabatlar o‘rnatish bu holatni yengishda qo‘l kelishi mumkin, gohida buning natijasida ayol muvaffaqiyatsiz nikohga nuqta qo‘yishga o‘zida kuch va jur’at topadi”.

Qandaydir ma’noda iblis gunohning “huzur-halovat” berishi haqida haq gapni aytadi. Ibroniylarga maktubda (11:25) gunoh chindan ham huzur-halovat berishi haqida aytilgan – bu vaqtinchalik. Ammo oxir-oqibat gunoh albatta halokatga olib keladi. Hech kim bundan mustasno bo‘lolmaydi.

Bir do‘stim hamyonida gunohning oqibatlari ro‘yxatini saqlab keladi:

• Gunoh shodligingizni o‘g‘irlaydi (Zab. 50:14).
• Gunoh oqibatida ishonchimizni yo‘qotamiz (1 Yuh. 3:19–21).
• Gunoh aybdorlik hissini uyg‘otadi (Zab. 50:5).
• Gunoh shaytonga hokimiyat beradi (2 Kor. 2:9–11).
• Gunoh Muqaddas Ruhning o‘tini so‘ndiradi (1 Sal. 5:19).
• Gunoh jismimizga zarar yetkazadi (Zab. 37:2–12; 30:11).
• Gunoh jonimizga azob beradi (Zab. 31:3–4).
• Gunoh Xudoning Muqaddas Ruhini xafa qiladi (Ef. 4:30).
• Gunoh boshqa gunohlarga yo‘l ochadi ( Ish. 30:1).
• Gunoh bizni Xudodan ayiradi (Ish. 59:1–2).
• Gunoh qo‘rquv keltirib chiqaradi (Hikm. 28:1).
• Gunoh meni o‘ziga qul qiladi (Yuh. 8:34; Rim. 6:16).

Do‘stim Xudoga bo‘ysunmaslik vasvasasiga yo‘liqqan vaqtlarda o‘sha ro‘yxatni olib o‘qiydi. O‘ziga savol beradi: “Qilmoqchi bo‘lganlarim chindan ham bunga arziydimi? Buni o‘zimga ep ko‘ra olamanmi?”

Gohida gunohimizning oqibatlari bir necha oy yoki yillar o‘tib ko‘rina boshlaydi, gohida esa keyingi avlodingizda ko‘rinish beradi. Ayrim holatlarda gunohimiz oqibatlari oxirat kuni, Xudoning oldiga keltirilganimizda namoyon bo‘ladi. Shu sababdan ham biz gunohning oqibatlaridan qutulib qolganimizga qattiq ishonamiz. Voiz kitobida aytilganidek: “Jinoyatga tez jazo berilmagani uchun insonlarning yuragi yovuzliklar qilishga doim tayyor”. (Voiz 8:11)

Xudoning jazoni keyinga qoldirishi bekorga emas. Buning sabablaridan biri – odamlarga tavba qilishlari uchun vaqt berishdir: “ ... U sabr–toqat qilyapti, chunki hech kimning halok bo‘lishini istamay, hammaning tavba qilishini xohlayapti”. (2 But. 3:9) Shunga qaramay, intiqom kuni albatta keladi. O‘sha kun Xudoga farzand bo‘lgan har bir odam o‘tmishda itoat qilmaslikni tanlagan vaqtlari uchun ko‘p pushaymon yeydi.

Gunoh bilan o‘yinda, gunohning lazzati va rohatida o‘tkazilgan yillar ortda qolgach, shoh Sulaymon nihoyat (juda kech) shunday xulosaga keldi:

… Gunohkorlar yuz marta jinoyat qilsalar ham, uzoq umr ko‘rishlari mumkin. Ha, “Xudodan qo‘rqadiganlarga undan ham yaxshiroq bo‘ladi, chunki ular Xudodan qo‘rqadilar”...

Hamma narsa aytildi, mana endi xulosa: Xudodan qo‘rq, Uning amrlarini bajar, chunki bu hammaning burchidir. Har bir ishni, hatto yashirin qilingan ishlarni ham, yaxshi yoki yomon bo‘lishidan qat’iyy nazar, Xudo hukm qiladi.

Voiz 8:12; 12:13 – 14.

Men qilgan gunoh aslida bu darajada jiddiy emas

Bu yolg‘on va biz keyingi bobda muhokama qiladigan yolg‘on (“Xudo qilmishlarim uchun meni kechira olmaydi”) aslida bir sohaning ikkita, bir-biriga qarshi tomonlaridir. Agar shayton bizni birinchi yolg‘onga ishontirolmasa, ikkinchi yolg‘onni ongimizga singdirishga harakat qiladi. Ikkisi ham bir-biriga teng yolg‘on, ikkisi ham ozodlikni yo‘qotishingizga olib keladi.

Oramizda yaxshi oilada o‘sganlar yoki uzoq yillar imonlilar jamoatiga borib “o‘zini yaxshi tutishni” o‘rgangan odamlar bu yolg‘onga boshqalardan ko‘ra ko‘proq chalg‘iydi. Fohishalik qilishni, abort qildirishni yoki jinsimizni o‘zgartirishni hech qachon hayolimizga keltirmaymiz. Biz hech qachon yomon so‘z ishlatmaymiz, ish joyimizda rahbarimizning puliga xiyonat qilmaymiz, erdan ajrashmaymiz.

“Jiddiy gunohlarni” qilgan boshqa odamlar bilan o‘zimizni solishtiradigan bo‘lsak, biz o‘zimizga ancha ijobiy baho bera olamiz. Biz qilgan gunohlar, jumladan vaqtni behuda o‘tkazish, o‘zimizni himoya qilishimiz, birovlarning sirini oshkor qilish, ochofatlik yoki ma’lum bir miqdorda spirtli ichimliklar ichish, achchiqso‘zlar, odamlarga tanqidiy munosabatda bo‘lish, haddan ortiq pul xarajat qilish, qo‘rquv, xavotir, xudbinlik va nolishlar nazarimizda bu qadar jiddiy gunohdek ko‘rinmaydi. Biz hatto bularni doim ham gunoh o‘rnida ko‘ravermaymiz, kamchiligimiz, odatimiz yoki fe’l-atvorimizga xos sifat o‘rnida qabul qilamiz.

Momo Havo ham o‘z gunohini xuddi shunday qabul qilgan bo‘lishi mumkin. Qolaversa, u erini tashlab ketgani yo‘q, Xudoga lan’at aytgani, Uning borligini inkor etgani ham yo‘q. O‘ylab qaraydigan bo‘lsak, u shunchaki Xudo taqiqlagan daraxtning mevasidan yedi, xolos. Buning nimasi yomon? Yomon tomoni shu ediki, Xudo mevani: “Yema” degandi, Momo Havo: “Bilganimni qilaman, yeyman” – deb javob berdi.

Momo Havo shunchaki Xudo taqiqlagan mevani yedi va uning bu qilmishi dahshatli oqibatlarga olib keldi: bu uning jismi tanasiga, ongiga, irodasi, emotsiyalari, Xudo bilan munosabatlari va oilasiga mash’um ta’sirini ko‘rsatdi. O‘sha “kichik” gunoh Odam Atoni ham yo‘ldan ozdirdi va natijada butun odamzot gunoh girdobiga botdi. Hovuzga tashlangan tosh uzoq vaqt halqa yeyib turadi, shu kabi gunoh ham hali-hanuz o‘zidan darak berib kelmoqda.

Qaniydi har bir gunoh jiddiy ekanligini, har bir gunoh – bu Xudoga qarshi isyon, xiyonat ekanligini ko‘ra olganimizda edi! Har safar o‘zboshimchalik bilan ish tutganimizda, bu bilan Xudoga, olam Shohiga qarshi chiqqan bo‘lamiz.

Jon Bunyan aytganidek, “birgina teshik butun boshli kemani cho‘ktiradi, birgina gunoh odamni halokatga olib keladi”.

Yoki Bunyanning zamondoshi Jeremi Teylor aytganidek “qo‘l soati mexanizmida ahamiyatsiz murvat bo‘lmagani kabi, gunohning ham kichigi, ahamiyatsizi bo‘lmaydi”.

Uyimning tashqi devori oq rangga bo‘yalgan. Yilning katta qismi davomida devorlar oppoq bo‘lib ko‘rinadi, biroq bu birinchi qor yoqqunga qadargina davom etadi. Qor yoqqach esa uyimning tashqi devori oppoq qorning oldida kir sariq ko‘rinish oladi. Boshqa gunohkorlar oldida “pok” ko‘ringan taqdirimizda ham, biz Xudoning muqaddasligiga teng kelolmaymiz.

Gunoh haqida haqiqat Xudoning nazari bilan qaralsagina ochiq namoyon bo‘ladi. Uning pokiza, benuqson muqaddasligidan taralgan nurga qaraganimizda, gunohlarimizning qanchalik jirkanchli ekanligini chuqur anglay boshlaymiz.

XVII va XVIII asr puritanlari muqaddaslikka va itoatkorlikka berilib bu bilan keng nom qozongan. Ularning hayot tarzidan qoralashga arzigulik biron bir narsa topish qiyin bo‘lgan. Aksariyat odamlar bilishadiki, kim qanday bo‘lmasin, lekin puritanlar hech qachon og‘ir gunohga qo‘l urmagan. Biroq yozgan kitoblariga qaraydigan bo‘lsak, ular o‘zlarini o‘taketgan gunohkor deb hisoblaganini ko‘ramiz. Xudo bilan yaqindan aloqa qilib yashaganlari bois ularda o‘z gunohiga nisbatan, u boshqalarning nazarida qanchalik kichik ko‘rinishidan qat’iy nazar, nafrat paydo bo‘lgan. Bunday idrok ularga ibodatda so‘raganlari tufayli keladi:

Menga gunohning xunukligini ko‘rsat, toki undan nafratlanayin, uni yomon ko‘rayin, undan o‘zimni olib qochayin … Gunohning jirkanchliligi qilmishning tabiati bilan emas, balki uning qanchayin buyuk Shaxsga qarshi qilinganligi bilan o‘lchanishini unutib qo‘yishimga zinhor yo‘l qo‘ymagin2.

Xudo meni qilmishim uchun kechirolmaydi

Kechirim mavzusini ochganimda, har safar kimdir albatta: “Men qilgan ishim uchun haligacha o‘zimni kechira olmayman” – deydi. Qizig‘i shuki, Muqaddas Kitobda biz o‘zimizni kechirishimiz kerakligi haqida hech narsa deyilmagan. Lekin mening fikrimga ko‘ra, ko‘p ayollar bu bilan Xudo ularni qilmishlari uchun kechirganini his qila olmaganini nazarda tutadi. Ular haligacha yo‘l qo‘ygan xatosi uchun aybdorlik hissi bilan yashashadi. Xudo ularni kechirishga qodirligini bilishsada, lekin chindan ham barcha gunohlari kechirilganiga ishonishmaydi. Ular uchun Xudoning iltifotini va kechirimini qabul qilish qiyin. Ular o‘ylaydiki, Xudo bilan munosabatni tiklash, Uning iltifotini qaytarish uchun endi qandaydir yo‘l bilan gunoh yuvilmog‘i lozim, “jazoni” o‘tash zarur va shunda ehtimol, qilingan yomon ish yuvilar.

Muammo shundaki, Muqaddas Xudo oldidagi aybimizni yoki Unga qarshi qilgan hatto birgina gunohimizni bir umr “yaxshi ishlar” qilib ham yuva olmaymiz. Ishqor bilan ishqalab, ko‘p sovun ishlatib, yuvib ketkazilmagan dog‘ misoli gunoh ham, inson qancha zo‘r berib urinmasin, qora dog‘ solib turaveradi. Faqat birgina vosita borki, bu dog‘ni “eritib yuboradi”, gunohlarimiz qizil rangga o‘xshasa, bizni qorday oppoq qiladi:

Ayblarimdan meni nima forig‘ qiladi? — hech narsa, faqat Isoning qoni,
Dardimga nima shifo beradi? — hech narsa, faqat Isoning qoni.

Ruhimni gunohdan nima qutqaradi? — hech narsa, faqat Isoning qoni.
Mening xayrli ishlarim emas, balki — Isoning qoni bunga qodir .

Ikkita bir-biriga qarshi fikr bor: “gunoh bu darajada jiddiy narsa emas” va “Xudo meni qilmishim uchun kechira olmaydi”. Bularning qaysi biri to‘g‘ri? Haqiqat birgina Galgo‘tada ochiladi. Zabur 84-sanoda Rabbimiz Iso xochda biz uchun nima qilganing ajoyib izohini topamiz: “Sevgi va haqiqat uchrashadi, Adolat, tinchlik bir–biri ila o‘pishadi”

Aynan Galgo‘tada Xudoning iltifoti va gunohkorlarga bo‘lgan sevgisi Uning haq adolati bilan, muqaddasligi bois gunohga nisbatan his etgan nafrati bilan uchrashdi. Galgo‘tada Xudo butun dunyoning gunohi uchun beriladigan jazoni Isoga yukladi. Bu bilan Xudodan ayrilgan odamzotga, jamiki gunohkorlarga sulh taklif etildi, yarashish imkoni berildi. Xudoning gunoh haqida qanday fikrda ekanligini bizga xoch ko‘rsatib beradi – U bizni o‘zimiz ko‘p jiddiy qabul qilmagan o‘sha “zaifliklardan” ozod qilish uchun juda qimmat baho to‘ladi. Xoch – eng ashaddiy gunohkorga Xudoning sevgisi va iltifoti ko‘rsatilganining ramzi, ham ifodasidir.

Uilyam Kuper Angliyada XIX asrning eng yaxshi yozuvchilaridan biri bo‘lgan. Biroq uning yoshligi og‘ir o‘tgan: u aybdorlik hissi, umidsizlik dardi bilan yashagan. U asab kasalligini boshdan o‘tkazgan, o‘z joniga qasd qilib buning oqibatida ruhiy xastalar shifoxonasiga yotqizilgan va u yerda bir yarim yil davolangan. Shifoxonada yotgan vaqtda u Kalomdan bir parchani o‘qib qoladi va o‘sha parcha uning umri o‘zgarishiga sabab bo‘ladi. U shuni anglab yetdiki, “Xudo Iso Masihni bu dunyoga yubordi. Masihga ishonganlarning hammasi Uning to‘kilgan qoni orqali Xudo bilan yarashadi. Shunday qilib, Xudo O‘zining adolatini namoyon qildi. U o‘tmishda sabr–toqat qilib, ilgari qilingan gunohlarni jazosiz qoldirgan edi, endi esa Iso Masihga ishonganlarni oqlab, O‘zining haq ekanligini ko‘rsatmoqda”. (Rim. 3:25–26)

Kuper bu haqiqatni tushundi, qabul qildi va Masihga imon keltirdi bu orqali gunohlaridan forig‘ bo‘ldi. Ko‘p yillar o‘tib u kechirim topish mo‘‘jizasini madh orqali bayon etadi va mana ikki yuz yildan buyon ushbu madh tavba qilgan gunohkorlarga umid berib kelmoqda. Bu madhni ehtimol siz ham ko‘p marotaba aytgandirsiz. Hozir to‘xtab, bu so‘zlarni yana bir marta xirgoyi qiling. Qo‘shiqni shoshilmasdan, undagi so‘zlarni birinchi marta eshitayotgandek ayting va Xudoning iltifotidan, gunohkorlarni sotib olishida namoyon bo‘lgan sevgisidan orom va quvonch toping:

Muqaddas qon soy bo‘lib oqar – gunohlarni yuvmoq uchun

Azob chekkan kim bo‘lsa, undan topar orom, mehnatidan tinim.

Xochga mixlangan qaroqchi bu ajoyib, muqaddas buloqni topdi

Tozalangach, uning joni ham orom oldi

Xudodan yiroq edim, dunyoning changalida daydib yurardim,

Lekin U meni O‘ziga qaratdi va men Uning qo‘lidaman.
Va agar ojizlik qilib yana Isoni ranjitsam,

Bilaman, muqaddas Qoni bilan aybim yuviladi.

Qilgan ishlarim va munosabatim uchun to‘liq javob bermayman

Anna Rasselning hazil tariqasida yozgan “ruhiy kasallar uchun xalq qo‘shiq” biz o‘z qilmishlarimizda boshqalarni ayblashni qanchalik yaxshi ko‘rishimizni juda yorqin qilib ko‘rsatib beradi:

Uch yoki to‘rt yoshimda ukamlarni yomon ko‘rdim.

Shu tariqa, ikkilanmay ularning ovqatiga zahar soldim.

Lekin sozman, tushundimki, shunday saboq bor bunda:

Qilmishni qilsamda men, har doim aybdor bo‘lar o‘zga.

Adan bog‘iga qaytadigan bo‘lsak, bu yerda yo‘ldan ozdirishning eng qadimiy shakllaridan biri paydo bo‘lganini ko‘ramiz.

Odam Ato bilan Momo Havo taqiqlangan mevani yeganlaridan keyin Xudo ularni qilmishlari uchun javobga tortdi. (Kalomda bu mavzu muntazam takrorlanadi – har birimiz Xudoning oldida qilgan ishlarimiz uchun javob beramiz”. E’tibor bering, o‘sha paytda Xudo ularni bir butun holda qabul qilmagan. “Nima qilib qo‘ydilaring?” – demadi. Shuningdek, Odam Ato va Momo Havodan bir-birining harakatini tushuntirishlarini talab qilmadi. Xudo Odam Atodan: “Momo Havo nima qildi?” Momo Havodan: “Ering nima qildi?” deb so‘ragani yo‘q. Parvardigor Egamiz avval Odam Atoga murojaat qildi, so‘ng Momo Havoga va har biriga alohida savol berib: “Bu nima qilganing?” – dedi.

Xudoning Odam Atoga bergan savoli juda aniq va lo‘nda edi: “Men, yemanglar, deb amr etgan daraxtning mevasidan yedingmi?” (Ibt.3:11) Parvardigor Egamiz xotinga: “Bu nima qilganing?” dedi. (Ibt. 3:13) Xudo ulardan shunchaki haqiqatni tan olishni so‘ragan edi.

Voqealar rivojida Odam bilan xotini qilgan bu qilmishlari uchun mas’uliyatni o‘z bo‘yniga olish o‘rniga, bir-birini ayblay boshladi. “Men, yemanglar, deb amr etgan daraxtning mevasidan yedingmi?” deb so‘radi Xudo Odamdan. Odam javob berdi: “O‘zing menga bergan xotin o‘sha daraxtning mevasidan menga berdi, men ham yedim”. (Ibt. 3:12)

Shunda Parvardigor Egamiz xotinga: “Bu nima qilganing?” — dedi. “Ilon meni aldadi, men mevadan yedim” – dedi xotin.

Ikkala holatda ham ularning javobi to‘g‘ri edi. Haqiqatdan ham, xotinni Odamga Xudo bergan edi va xotin eriga o‘sha daraxtning mevasini berdi. Momo Havoni ilon aldagani ham chin, haqiqat edi. Ammo Odam bilan xotin aybni boshqaga yuklash bilan, bu gunoh uchun har biri o‘zidan mas’uliyatni soqit qilishga urindi.

Xudo ulardan gunohga kim ig‘vo qilganini so‘ramadi, – u Odam bilan xotin qilmishlari uchun mas’uliyatni o‘z bo‘ynilariga olishini xohlardi. Gunoh kimning ta’siri ostida qilinganiga qaramay, bu aslida ularning tanlovi edi.

Odam va Momo Havo eng birinchilardan bo‘lib “ayblovchilar” qatorini boshlab berishdi, lekin bu qatorda ular oxirgi bo‘lib qolmadi.

“Adan bog‘ida boshlangan o‘yin – bu bizning sizlar bilan o‘yinimizdir. Biz bu o‘yinni qoyilmaqom qilib o‘ynaymiz – tabiatimiz bunga moyil. Quyidagi guvohliklar bunga tasdiq, dalil bo‘la oladi:

Har doim boshqalarni, Xudoni va tashqi sharoitlarni ayblab, men o‘z hayotim uchun, gunohlarim va qabul qilgan qarorlarim uchun mas’uliyat sezmay qo‘ydim. Shunda o‘zimni xuddi tuzoqqa tushgandek, mutlaqo ojiz his qildim.

Mening tez-tez depressiya holatiga tushishimga o‘lja bo‘lganim sabab ekanligiga ishonardim. Depressiya – mening aybim emas deb hisoblar edim. Depressiya g‘azablanishim oqibatida paydo bo‘layotganini tushuna boshlaganimda, gunohim uchun mas’uliyatni o‘z zimmamga oladigan bo‘ldim va shu orqali ozodlikka erishdim.

Ish joyimda bir hamkasbim bilan ishqiy munosabat bog‘lab, ko‘p gunoh qilganman. Men undan emotsional tomondan dalda olardim, yumshoq muomala qilishidan quvonardim, chunki turmush o‘rtog‘im ayrim narsalarni mendan sir saqlardi – u pornografiyaga qiziqardi va hech qachon menga dalda bergan emas. Nazarimda aynan erimning fe’l-atvori meni hamkasbim bilan yaqinlikda bo‘lishga majbur qilgandek tuyulardi. O‘zimni oqlardim va “erimdan ko‘ra men o‘zimni yaxshiroq tutyapman” deb o‘ylardim.

Bizning tabiatimiz shunday: g‘azablanganimizda, depressiya holatiga tushganimizda, achchiqlanganimizda, qizishganimizda, besabrlik qilganimizda yoki bir narsadan hayiqqanimizda, mas’uliyatning hech bo‘lmasa bir qismini boshqalarning zimmasiga yuklaymiz, yo bo‘lmasa sharoitdan ayb qidiramiz, u bizni “shu kuyga soldi”, deymiz.

Oilasi buzilgan yuzlab ayollarning taqdiri bilan tanishdim desam xato qilmasam kerak. Ular har doim sobiq eri xafa qilgani haqida gapirib, turmushi buzilishiga ham aynan shuni sabab qilib ko‘rsatishardi. Hozir men: “Turmushim buzilishida mening ham aybim bor, chunki erimga noto‘g‘ri munosabatda bo‘lganman, o‘ylamasdan qaror qabul qilar edim” yoki “erim bilan ajrashib, noto‘g‘ri qilganman” degan bironta ayolni eslay olmayman.

Hayotda ularni qarzga botib yashashga, yegulikdan tasalli topishga, beahloq ishlarni qilishga yoki ota-onasidan uzoqlashishga majbur qilgan vaziyatlar haqida men bilan bo‘lishgan ayollarning soni, sanog‘i yo‘q. Hayotida muammolarning yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan tanlovi uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olganlar juda ozchilikni tashkil qiladi.

Bir konferensiyada o‘rta yoshli ayolning sahnaga chiqib guvohlik berganini hech qachon unutmayman. U o‘zini tanishtirdi va mana yigirma ikki yildan beri psixolog bo‘lib ishlab kelganini aytdi. Keyin shu qadar samimiy so‘zladiki, aytganlari odamlarning yuragi tubigacha yetib borardi. Uzil-kesil ovoz bilan u shunday dedi: “Xudoyim, Sendan kechirim so‘rayman, sizlardan ham, qadrli opa-singillar: uzoq vaqt sizlarni aldadim, to‘g‘ri yo‘ldan ozdirib keldim. Men sizlarga qilgan ishingiz uchun faqat o‘zingiz javob berishingizni aytmadim. Meni kechiringlar!”

G‘anim bizga shuni uqtirib aytadiki, agar tanlovimiz uchun butun javobgarlikni o‘z zimmamizga olsak, biz og‘ir aybdorlik hissidan azob chekamiz.

Tanlovimiz va atrofdagilarga bo‘lgan munosabatimiz uchun butun mas’uliyatni o‘z zimmamizga olish bilangina biz aybdorlik hissidan to‘liq ozod bo‘lishimiz mumkin.Bir yozuvchi aytganidek:

Gunoh – halokatli holatimizda eng yaxshi xabar. Negaki, agar bu gunoh bo‘lsa, demak har doim undan qutulishning yo‘li ham bo‘ladi. Tavba qilishning imkoni bor. Yetarlicha tarbiya olmaganingiz yoki ota-onangiz dilingizni og‘ritgani uchun tavba qilolmaysiz, – bulardan qutula olmaysiz. Biroq gunohingiz uchun tavba qilishingiz mumkin. Gunoh va tavba – quvonchga va umidga zamin hozirlovchi, qonuniyatga asoslangan yagona shart bo‘ladi.4

Gunohni har safar yengishga men qodir emasman

Xizer ismli ayolning boshdan kechirganlari har qanday masihiyga o‘z tajribasidan tanish holat bo‘lib ko‘rinsa ajab emas:

Hayotda qilgan gunohlarim shu qadar ko‘pki! Nima qilsam, ozod bo‘laman? Nazarimda buning imkoni yo‘qdek. Gunohlarimdan qutulishni juda xohlardim, biroq ular jismimni boshqarishda davom etyapti. Har safar Xudoning oldiga bir xil gunohlarimni aytib kelaverishga yuzim chidamayapman. Xudoga dilimda borini aytib yoyganimda ahvolim yanada chigallashib, umidsiz holga tushgandek bo‘ldim. Qanday qilsamki, yolg‘ondan ozod bo‘laman? O‘zgarishni juda xohlardim.

Bu so‘zlar havoriy Pavlusning dod-faryodini esimga soladi:

Men bundan ushbu xulosani chiqaraman: yaxshilik qilmoqchi bo‘lganimda, qalbimda hamisha yomonlik poylab turadi. Butun qalbim bilan Xudoning qonunidan zavq olaman. Ammo a’zoyi badanimda boshqa bir qoida amal qilmoqda. Bu qoida ongimdagi qonunga qarshi kurash olib borib, a’zoyi badanimda amal qiluvchi gunoh qoidasiga meni asir qilyapti. Oh, men sho‘rlik odam! O‘lim soyasi ostidagi bu ahvolimdan kim meni qutqarar ekan?

Rim. 7:21 – 24

So‘rovnama o‘tkazganimizda, unda qatnashgan ayollarning yarmidan ko‘pi gunohni hamisha yengib kela olmasligi haqida yolg‘onga ishonganini tan olishdi. Bundan bilamizki, shayton imonlilar ozod bo‘lmasligi uchun mana shu yolg‘onni ishga soladi.

Rimliklarga maktubdan shuni ko‘rdikki, Xudoning har qanday farzandi yangi ijod bo‘lib tug‘iladi, Xudoga bo‘ysunuvchan tabiatga ega bo‘ladi. Masihga chindan ishongan har qanday imonli yuragida Xudoga bo‘ysunib yashashni orzu qiladi.

Biroq Kalomda yozilishicha, insoniy istaklar hatto yuqoridan tug‘ilganimizdan keyin ham yuragimizda jo bo‘lgan Muqaddas Ruhga qarshilik qilishda davom etadi.

Muqaddas Ruh: “Kechir” desa,
Xudbin istak: “Kechirma” deydi.

Muqaddas Ruh: “Nafsingni tiy” deb o‘rgatsa,
Xudbin istak: “Ko‘ngling nima xohlasa, qachon xohlasa, olib yegin” deydi.

Muqaddas Ruh: “Muhtojga ber pulingni” desa.
Xudbin istak: “Senikidir hammasi, o‘zing ko‘rgin rohatin”, deydi.

Muqaddas Ruh: “Vaqtingni Kalomga, ibodatga bag‘ishla” desa,
Xudbin istak: “Kun og‘ir keldi senga. O‘zingni bo‘sh qo‘y, televizor tomosha qil” deydi.

Muqaddas Ruh: “Tilni tiy. Sen aytmoqchi bo‘lganlar asli achchiq zarda. Unga hojat yo‘q” desa,
Xudbin istak: “Hammasini boricha ayt!” deydi.

Har safar xudbin istaklarimizni Muqaddas Ruhdan ustun qo‘yganimizda, bu bilan gunohga ustimizdan hukmronlik qilishga yo‘l qo‘yamiz. Va aksincha, har safar Muqaddas Ruhga itoat qilganimizda, bu bilan Unga hayotimiz ustidan boshchilik qilishga ko‘proq yo‘l ochamiz.

Xudodan ko‘ra gunohni ustun qo‘yish va unga muntazam bo‘ysunish oqibatida biz o‘zimizda qutulish juda qiyin bo‘ladigan odatlar shakllanishiga zamin yaratamiz va bu bilan gunohga qul bo‘lishni tanlaymiz. Ma’lum bir vaqt biz to‘g‘ri ishlarni qilishga urinamiz, uddasidan chiqolmagach, yana harakat qilamiz – yana muvaffaqiyatsizlikka uchraymiz. Shunda iblis bizni hech narsani o‘zgartira olmasligimizga, umrimiz oxirigacha bu gunohga qul bo‘lib o‘tishimizga ishontirishga harakat qiladi. Shunda fikrimizga shum hayol keladi: “Bundan nima foyda? Axir baribir yengilaman. Qancha kurashsam ham, bu jangda g‘olib bo‘lolmayman”, deymiz va taslim bo‘lamiz. Oqibatda nima bo‘ladi? Shayton bizni yengadi. U bizni ishontirdi, vasvasa va gunoh ustidan uzluksiz g‘alaba qozonib yashashga noqobil ekanligimizni ongimizga singdirishga muvaffaq bo‘ldi

Kristina va Sherilning muammolari garchi bir-biridan farq qilsada, bu ayollarning ikkisi ham birdek holatni boshdan kechirgan:

Ayollarga bo‘lgan ishtiyoq meni qiynardi, bu bilan kurashar va shu vaqtning o‘zida buning beahloqlik ekanligini o‘zim juda yaxshi tushunardim. Fikr, hayollarim bilan qancha kurashmay, vaziyat faqat qiyinlashib borardi. O‘y-hayollarimni boshqara olmayman deb o‘ylardim. Xudo oldida nopok ekanligimni bilsamda, bundan qutulishning chorasini topolmasdim.

Uzoq yillar ochko‘zlikdan qiynalaman. Bu bilan har kuni kurashaman. O‘zgara olmasligim, hech qachon buni yenga olmasligim haqida fikrlar meni har doim qiynab keladi. Ma’lum bir vaqt o‘zimni ushlab turolsamda, keyin yolg‘on qaytadan hujum qiladi va hammasi boshidan boshlanadi.

Esda tuting, bizning fikr-zikrimiz hayot tarzimizni belgilab beradi. Baribir gunoh qilamiz desak va bunga ishonsak gunoh qilaveramiz. Gunoh bo‘yinturug‘ida yashashimizga ishonsak, demak gunohga qul bo‘lib yashashda davom etamiz. Yenga olishimizga ishonmasak, yengolmasligimiz muqarrar.

Sheril muhim bir narsani e’tirof etadi. U o‘zgara olmasligiga ishonadi. Qanchalik g‘alati tuyulmasin, lekin buning tan olinishi aslida gunoh ustidan g‘alaba sari bosiladigan birinchi qadam bo‘ladi.

Siz ham, men ham o‘zimizni o‘zgartira olmaymiz. Vaholanki Iso: “Mensiz hech narsa qilolmaysizlar” deydi. (Yuhanno 15:5) Shunday ekan, nima qilishimiz kerak? Gunohdan qanday ozod bo‘la olamiz? Bizni faqat haqiqat ozod qila oladi?

Masihning qurbonligi tufayli biz gunohni yengishga qodir bo‘ldik. Shayton endi bizga hokim emas va biz bundan buyon unga qul bo‘lmasligimiz kerak. Haqiqat shundaki, agar sizlar Masihda bo‘lsangizlar va Masih sizlarda bo‘lsa ...

Sizlar endi gunohning changalidan ozod qilinib, solihlikning quli bo‘lib qoldingizlar. <…> Hayot ato etuvchi Ruhning qonun–qoidasi Iso Masih orqali bizni gunohdan va o‘limga yetaklaydigan qonundan ozod qildi.

Rim. 6:18; 8:2

Gunohkorlar uchun Xushxabar

Yuqorida ko‘rganimizdek, shayton Momo Havoga taqiqlangan mevani yesa agar ko‘zlari ochilishi, u ham barcha yaxshi va yomon narsalarni biladigan bo‘lib, Xudoga o‘xshab qolishini va’da qildi.

Aslida esa, o‘sha ondayoq ...

• Xotin ruhan ko‘r bo‘lib, haqiqatni ajratolmay qoldi.
• Xotin ilkida garchi Xudoning suratiday qilib yaratilgan bo‘lsada, endilikda bu surat bulg‘andi, u gunohga moyil tabiatga ega bo‘ldi. Zulmat nurga qarshi bo‘lgani kabi, bu tabiat ham Xudoga shunchalik qarshi, xilof edi.

• Xotin chindan ham yomon narsalarni biladigan bo‘ldi (Xudo bunday bo‘lishini xohlamagandi), ammo Xudo bilan munosabat buzildi va xotin pokizaligini, tozaligini yo‘qotdi.

O‘sha vaqtdan buyon har qanday odam dunyoga xuddi o‘sha, nopok holda keladi: ruhan ko‘r, gunohkor bo‘lib, Xudodan ayirilgan holda, Unga nomaqbul, ko‘nglini olishga noqobil bo‘lib tug‘iladi. Gunohimiz bois hammamiz Xudoning adolatli hukmi ostida yashaymiz.

Injil Xushxabari shundan iboratki – Iso bu dunyoga keldi, gunohning halokatli oqibatlarini o‘zgartirish uchun U bizning barcha gunohlarimiz va Momo Havoning gunohlari uchun jazoni O‘ziga oldi. Uning begunoh hayoti, Galgo‘tadagi o‘limi va o‘lim ustidan zafar quchib tirilishi vositasida biz barcha gunohlarimizdan forig‘ bo‘lish, avval Xudoni ranjitgan bo‘lsakda, endilikda U bilan yarashib, muqaddas hayot kechirish qudratiga ega bo‘ldik.

Muqaddas Xudo oldida oqlanishimiz, gunohlarimizning kechirilishi bizning masihiylar oilasida tug‘ilganimiz yoki imonlilar jamoatiga borganimiz sharofati emas. Gap bizning suvda cho‘mdirilganimizda, imonlilar jamoati qatoriga qo‘shilganimizda, xayrli ishlar qilishimizda, tavbaga chaqirganlarida oldinga chiqqanimiz, kuchli ruhiy kechinmalarni his qilishimiz, ma’lum bir ibodatni yoddan bilishimiz yoki jamoat hayotida faol ishtirok etishimizda ham emas. Biz gunohdan o‘z ishlarimiz bilan qutqarilmaymiz. Abadiy najotga ega bo‘lishning birdan-bir yo‘li – bu Masihning xochda o‘limiga umid bog‘lashdir.

Joni qutqarilganidan shubhalanib yashayotgan ayollardan ko‘p maktublar olaman. Ayrimlari “to‘g‘ri javobni” bilsalarda, hali-hamon qandaydir gunohdan qiynalib yashaydi. Nazarimda, ko‘p holatlarda bunga ularning qilgan gunohi uchun chindan tavba qilmagani, Isoga umid bog‘lamagani, birgina Iso ularni qutqara olishiga ishonmaganlari sabab. Ular balki dindor odamlardir, lekin Xudo oldida o‘zini oqlay olmasligi shubhasiz.

Siz-chi, singlim yoki opam? Dushman sizni qo‘rquv, shubha va aybdorlik iskanjasida ushlab turishni xohlaydi. Xudo sizning ozod bo‘lishingizni, imonda mustahkam bo‘lib, gunohlaringiz kechirilganiga ishonib yashashingizni xohlaydi. Sizning qanchalik “yaxshi odam” bo‘lganingizdan qat’iy nazar, Xudo oldida solihlikka erishishning birdan-bir yo‘li – bu Iso Masihga ishonishdir. Sizning qanchalik gunohkor bo‘lganingizdan qat’iy nazar, Uning inoyati sizni qutqarish uchun yetarlidir. Gunoh masalasini yechishning birdan-bir yo‘li – bu Iso Masihning xochdagi o‘limi.

Agar shu vaqtga qadar gunohingiz bilan bog‘liq masalaga bu yo‘l bilan hech yechim topolmagan bo‘lsangiz, Xudoning farzandi bo‘lganingiz sizda shubha uyg‘otib kelayotgan bo‘lsa, sizga navbatdagi bobga o‘tishdan avval, hozir shu yerda to‘xtashni va Xudo bilan munosabatlaringizni tiklashni taklif etmoqchiman. Dushman sizni ko‘r qilishi yoki qullik bo‘yinturug‘iga solishiga yo‘l qo‘ymang. Bu sizning abadiyatdagi hayotingizni belgilab beradi.

Xudo oldida Uning qonuniga qarshi gunoh qilganingizni va o‘zingizni qutqara olmasligingizni tan oling. Xudoga Iso Masihni yuborgani va gunohingiz yukini Unga yuklagani uchun rahmat ayting. Masih sizni qutqarishiga ishoning va abadiy hayot in’omiga ega bo‘ling. Xudoga gunohdan voz kechishni, faqat Masihga umib qilishni va Unga hayotingiz Sohibi bo‘lishiga yo‘l qo‘yib berishni xohlayotganingizni ayting. So‘ng Unga gunohingizni kechirgani uchun rahmat ayting; yuragingizda yashash uchun yuborilgan va agar bo‘ysunsangiz, sizga gunohni yengishga yordam beradigan Muqaddas Ruh in’omi uchun rahmat ayting.

Kecha yaqinda imon keltirgan yoki Masihni uzoq yillardan beri tanib bilarsiz balki, nima bo‘lgan taqdirda ham, keling hozir puritanlarning eski ibodati bilan Xudoga murojaat qilaylik. Keling, Xudo bizni qanday ahvolda topgani va biz uchun nima qilganini esga olaylik:

Menga gunohning hayratda qoldiradigan qabohatini,

Najotning hayratda qoldiradigan adolatini,

Masihning hayratda qoldiradigan ulug‘vorligini,

Muqaddaslikning hayratda qoldiradigan go‘zalligi,

Xudo inoyatining hayratda qoldiradigan ajoyibotini,

Hech qachon unutib qo‘ymasligimga yordam ber.

Amalda qo‘llash

1. Xudoning aytganlarini QABUL QILING.

Siz gunoh haqida qanday yolg‘onga ishonib kelgansiz?

2. Mas’uliyatni o‘z zimmangizga OLING.

Bu yolg‘onga ishonish sizning hayot tarzingizga qanday ta’sir qildi (munosabatlaringizga va hatti-harakatlaringizga)?

3. Haqiqatni E’LON QILING.

Yuqorida keltirilgan haqiqatlarni birma-bir ovoz chiqarib o‘qing. Ular ichida qaysi biri hozirgi kunda siz uchun ayniqsa muhim?

Xudoning Kalomi bilan fikr-zikringizni yangilang. Quydagi parchalarni ovoz chiqarib o‘qing. Zab. 31:1–5, Yoqub 1:13–15, 1 Yuh. 1:5–9, Rim. 6:11–14.

Bu oyatlarda gunohning tabiati, uning hayotimizga ko‘rsatgan ta’siri va Xudoning gunoh masalasiga oid yechimi haqida nima deyilgan?

4. Haqiqat asosida HARAKAT QILING.

Haqiqat asosida hayot kechirish uchun qanday qadamlarni amalga oshirishingiz kerak?

5. Xudodan haqiqat so‘qmoqlaridan yurishda sizga yordam berishini SO‘RANG.

Muqaddas Xudo, meni kechir. Ko‘pincha gunohga va uning oqibatlariga haddan ortiq darajada yengil qaraganim uchun tavba qilaman. Gunoh – Senga qarshi isyon ekanligini tushunaman, u Sening dilingni ranjitadi. Mening gunohim uchun yetarli to‘lov bo‘lgan Isoning qoni uchun rahmat. Rabbim Iso, mening ayblarim va gunohlarim uchun jazoni O‘z zimmanganingizga olganingiz, meni Xudo beradigan solihlikka erishtirganingiz uchun rahmat. Yolvoraman, gunohim bois xochda qurbon bo‘lganingizni yetarlicha jiddiy qabul qilmaganim uchun meni kechiring. Barcha gunohlarim uchun kechirganingiz, meni aybdan va hukmdan ozod bo‘lib huzuringizda turishga munosib qilganingiz uchun rahmat. Xoch orqali hamda yuragimda jo bo‘lgan Muqaddas Ruhning qudrati orqali meni gunohdan ozod bo‘lib yashashga, Sizga itoat qilishga qodir qilganingiz ham uchun rahmat. Ont ichib aytganlaringiz – bir kun O‘z farzandlaringizni gunohning ta’siridan tamomila ozod qilish, bizlarni abadul abadga osmonga olib ketish haqida bergan va’dalaringiz uchun Sizni ulug‘layman. Omin.


Книга на Узбекском языке: - Ложь в которую верят  женщины  (Нэнси Демосс)

Автор этой книги исследует наиболее распространенные среди женщин заблуждения (о Боге, грехе, браке, детях и т.д.) и старается помочь обрести истину и стать по-настоящему свободными. Книга полезна всем (включая мужчин) и может быть использована для проведения семинаров по вопросам семьи и брака.



Shu bobni eshitish:


AUDIOKITOB ►
butun kitobni tinglang

Kitoblar

Qaysi kitoblarni tinglashni istaysiz?
Qaysi kitoblarni tinglashni istaysiz?

docs.google.com/forms

Xush kelibsiz!

Яхши аудио Китоблар
Audiokitoblar Uzbek tilida


Kinolar va Multiklar
Kinolar Uzbek tilida


Audiokitob - Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd
Audiokitob Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd


Аудио Кутубхона
Audiokitob Uzbek tilida

Telegram bot: @audio_kito_bot
Kanal: @kitoblar_elektron_uz



Sharhlar

...ҳар куни — байрамнинг биринчи кунидан охирги кунигача Худонинг Таврот китобидан ўқиб берди...

...kunidan oxirgi kunigacha Xudoning Tavrot kitobidan o‘qib berdi...
Naximiyo 8:18



Yaxshi audio kitoblarni yuklab oling uzbek tilidagi

Фарзандингиз учун қай тариқа чўпон бўлиш мумкин? (Тед Трипп)    Энага яна ёрдамга шошади (Мишель Лароу)    Сандон устида (Макс Лукадо)  Гувохлик ва биография (Николай Бойко Ерофеевич)    Турмуш ўртоғингиз нотўғри ёъл тутганда, Сиз тоғри ёъл тудинг (Лесли Верник)    Матонат соҳиби (Джош Макдауелл)    Бахтли оила (Абдулла Рашидов)    Zamonamiz durdonasi (Nikolay Boyko)    Худди Исо Каби (Макс Лукадо)    Уни Нажоткор деб аташлари таажжубли эмас (Макс Лукадо)    Дарбадар ўгилнинг қайтиши (Генри Нувен)    Худо жуда яқин келди (Макс Лукадо)    Эски Аҳд аёллари ҳақида вазлар (Чарлз Спержен)    Iso bizning taqdirimiz (Vilgelm Bush)    Сиз осмонда қилолмайдиган иш (Марк Кехилл)    Дарбадар ўғил (Чарлз Спержен)    Ҳомиладорлигим кундалиги (Вера Самарина)    Иброҳимнинг оиласи: парчаланган шажарани шифолаш (Дон Мак-Керри)    Зулматдаги нур (Доктор Джеймс ва Ширли Добсон)    Митти Тиллақўнғиз ва Серқуёш ўтлоқзор аҳолиси (Майя Огородникова)    Подшоҳнинг сири  (Урусла Марк)    Яна қароқчилар қўлидами? (Урусла Марк)    Қароқчиларникидай  эмас (Марк Урусла)    Эътиқод уфқлари (Георгий Винс)    (Биродар Андрей ва Алекс Янсен) Сирли масиҳийлар    Масиҳийлик таълимоти асослари (Роберт Спраул)    Ҳаёт бўронларига бардош беринг (Пол Эстебрукс)    Абадийликка ишонаман (Николай Ерофеевич Бойко)    Ўсмир ибодатининг кучи (Сторми Омартиан) kitob Uzbek tilida    Чегарасиз хает (Ник Вуйчич) kitob Uzbek tilida    Севимли инсоннинг ҳаёти (Генри Нувен) kitob Uzbek tilida    Довюраклар (Макс Лукадо) kitob Uzbek tilida    Бирга қилинган ибодатнинг қудрати (Сторми Омартиан) kitob Uzbek tilida    Хузур халоват амрлари (Джон Макартур) kitob Uzbek tilida    Саботли инсон (Джош Макдауелл) kitob Uzbek tilida    Shijoatkor (Nik Vuychich) kitob Uzbek tilida    Мақсад Сари Йўналтирилган Ҳаёт (Рик Уоррен) kitob Uzbek tilida    Чалғитиш номли душман (Джон Мэйсон) kitob Uzbek tilida    Мафтункор Гўзаллик (Джон ва Стейси Элдридж) kitob Uzbek tilida    Севги ва ҳурмат (Эмерсон Эггерих) kitob Uzbek tilida    Ayollar... (Nensi Demoss) kitob Uzbek tilida    Хакиат асоси (Джон Стотт) kitob Uzbek tilida    ИБОДАТГЎЙ АЁЛНИНГ КУЧИ (СТОРМИ ОМАРТИАН) kitob Uzbek tilida    ТЎҒРИ ҚАРОР (Джош ва Дотти Макдауэлл) kitob Uzbek tilida    Нега? (Филип Янси) kitob Uzbek tilida    Hayotdagi yetakchilik va ijodiy salohiyat (Rik Joyner) kitob Uzbek tilida    Ishayo 53 sharxlar (Mitch Gleyzer) kitob Uzbek tilida    Xudoga qay tarzda manzur bolish mumkin (Robert Charlz Spraul) kitob Uzbek tilida    Mukaddas ruxning siri (Robert Charlz Spraul) kitob Uzbek tilida    Ota-ona ibodatining kuchi (Stormi Omartian) kitob Uzbek tilida    Muhabbat tilsimi (Djosh Makdauell) kitob Uzbek tilida    Xudoning qalbiga mos erkak (Jim Jorj) kitob Uzbek tilida    Enaga yordamga shoshadi (Mishel Larou) kitob Uzbek tilida    Bolaning nazaridagi qahramon (Djosh Makdauell) kitob Uzbek tilida    G‘alamisning xati (Klayv Steyplz Lyuis) kitob Uzbek tilida    Dolzarb Savollarga Javoblar (James Paker) kitob Uzbek tilida    kitob Uzbek tilida    kitob Uzbek tilida    kitob Uzbek tilida    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Bolalar Audiokitob Uzbekcha    Bolalar kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Hamdu Sanolar Uzbekcha    Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musika



Kitobook – Kitoblar, AudioKitoblar: Инжил ва Muqaddas Kitob ва Инжил Каракалпак