To‘g‘ri qarorlar izlab. (Josh Makdauell va Bob Xostetler) 12 bob

JOSH MAKDAUELL va BOB XOSTETLER

TO‘G‘RI QARORLAR IZLAB

O‘smirlarning har kungi o‘qishlari uchun

 366 jozibakor lavhalar

YANVAR - FEVRAL - MART - APREL - MAY - IYUN - IYUL - AVGUST - SENTYABR - OKTYABR - NOYABR - DEKABR

ANNOTASIYA

Mazkur kitob biz har kuni duch keladigan hayotiy muammolarga to‘g‘ri qarorlarni topgan holda, ularni oqilona hal etish uchun Muqaddas Kitobdan qanday foydalanish kerakligini ko‘rsatadi. Siz ega bo‘lgan narsalaringiz uchun o‘zingizda Xudoga minnatdorchilik hissini uyg‘otgan holda imkon qadar ko‘proq ibodat qilish, o‘z harakatlaringizni tahlil qilish, itoatkorlik ruhida ish tutib odamlarga xizmat qilishning imkoniyat va usullarini izlash zarur ekanligini tushunib olasiz.Tugri qarorlar izlab kitob uzb

  

KIRISH. To‘g‘ri qarorlar izlab: har bir kun uchun vazifa

DINOZAVRLAR VA KINOYULDUZLAR.

Teleo‘yin.

Misha aka va Masha singil.

To‘lin oy va uchayotgan kometalar.

Televizion yangiliklar dasturi

“Iyerixon uchun kurash: bir kundan so‘ng”.

Jinlar va shaytonlar; o‘yinlar va hazillar; olimlar va fermerlar; qarg‘a va kanareyka; testlar va savolnomalar va hattoki g‘aroyib kaltakesak Mikatu – siz bularning barchasini ushbu kitobning sahifalaridan topasiz. Josh Makdauellning “O‘smirlar uchun har kungi mutolaa” kitobi bu har bir kunda to‘g‘ri qarorlarni izlash va mulohaza yuritish uchun ozuqadir. Birinchi yanvardan boshlanadigan “Andreyning kurtkasi” nomli maftunkor sayohat toki 31 dekabrdagi “Foydali orzular” nomli mutolaagacha jami 366 jozibakor lavhalarni qamrab oladiki, ular sizni to‘g‘ri qarorlarni nojoizlaridan farqlab olishingizga hamda doimo to‘g‘ri tanlov qilishingizga yordam beradi.

Har kungi mutolaa shu kungi hayotingizda haqiqatni qo‘llashda yordam beradigan Muqaddas Kitobdan qisqa parchalarni, asosiy oyatlarni, bir qancha masala va maslahatlarni, shuningdek, qisqacha ibodatlarni o‘z ichiga oladi. Ammo harqalay hech bir kun boshqasiga o‘xshamaydi. Ayrimlari qisqacha hikoyani taqdim etsa, boshqasi testni tavsiya etadi; nimadir sizni kulishga undashi yoki dilingizni o‘rtashi mumkin; ba’zi hikoyalar o‘ylab topilgan, boshqalari esa haqiqatga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Shu bilan birgalikda, har kungi mutolaa sizni mulohaza yuritishga va “mana shu buzuq va egri nasl orasida Xudoning nuqsonsiz, aybsiz va pok farzandlari bo‘lishingiz”ga undaydi (Filippiliklarga 2:15).


O‘smirlarning har kungi o‘qishlari uchun (Uzbek tilida kitob)
- DEKABR

 

1 DEKABR. FERDINAND VA IZABELLANING ISHONCHI

Kalomdan o‘qish: Yoqub 2:14-20

...amalsiz imoning foydasiz... (Yoqub 2:20).

 

XRISTOFOR KOLUMB VA UKASI Varfolomey g‘arbga suzib, Yaponiya, Xitoy va Hindistonga bormoqchi bo‘lishgan. 1482 yilda Xristofor Portugaliya qiroli Ioann II ga pul va kemalar so‘rab murojaat qildi, biroq u Kolumbning iltimosini bajarishdan bosh tortdi. 1485 yilda aka-ukalar Angliya qiroli Genrix VII dan yordam olishga harakat qilishdi, ammo bu ham natija bermadi.

Nihoyat, 1492 yilda Ispaniya qiroli Ferdinand va qirolicha Izabella Ispanlar Kolumbning iltimosini qondirishdi. 3 avgust kuni u ispan bandargohi Palosdan chiqdi va Kolumb 12 OKTYABRda “Yangi dunyo”ga tushgan birinchi yevropalik bo‘ldi.

Faqatgina Ferdinand va Izabella Ispanlar Kolumb va uning o‘z zimmasiga olgan vazifaga ishonishdi. Portugaliya qiroli Ioann II, ma’lumki, bu odamga ishonmagan. Angliya qiroli Genrix VII ham. Biz buni qayerdan bilamiz? Ularning amalga oshirgan ishlari bo‘yicha. Yoki, Kolumb bilan bo‘lganidek, amalda ko‘rsatilgan ishning yo‘qligi bilan.

Mabodo Portugaliya va Angliya qirollari Kolumbga ishonganlarida, o‘zlarini boshqacha tutgan bo‘lishlarini tasavvur qilish qiyin emas, to‘g‘rimi? Agar ular Kolumbga ishonganlarida, xuddi Ferdinand va Izabellaga o‘xshab, Kolumbga pul, kemalar va unvon bergan bo‘lishardi, to‘g‘rimi?

Isoga bo‘lgan ishonch ham shunday ishlaydi. Muqaddas Kitobda Yoqub shunday yozgan: “Ey birodarlarim, agar biror kishi imonim bor, desa-yu, xayrli ishlar qilmasa, nima foydasi bor?! Bunday imon uni qutqararmidi?!... Shunga o‘xshab, quruq imonning o‘zi amalsiz o‘likdir” (Yoqub 2:14,17).

Ko‘rayapsanmi, biz yaxshi ishlar bilan va hattoki to‘g‘ri qarorlarimiz bilan qutulib ketolmaymiz. Biz inoyat bilan imon orqali xalos bo‘lamiz  (Efesliklar 2:8). Biroq Masihdagi haqiqiy qutqaruvchi imon to‘g‘ri qarorni keltirib chiqaradi – bu xuddi Ferdinand va Izabellaning Kolumbga hamda uning vazifasiga bo‘lgan ishonchlari kemalarni, pullarni va butun bir Yangi Dunyoni ro‘yobga keltirganiga o‘xshaydi!

MULOHAZA QILGIN: Sen masihiymisan? Agar shunday bo‘lsa, qay tariqa masihiy bo‘lgansan: yaxshi ishlar qilibmi yoki Masih O‘z inoyati bilan qutqarishiga bo‘lgan ishonchmi? Sen masihiysan: bu sen xohlagan ishingni qilishing mumkinligini bildiradimi? Nima uchun «ha» va nima uchun «yo‘q»? Muqaddas Kitobdan bugun o‘qiladigan oyatlarga ko‘ra, qanday “ishlar” senda imon uyg‘otishi mumkin?

IBODAT: “Samoviy Ota, men imon orqali inoyat bilan qutqarilishimni bilaman. Iltimos, imonda ulg‘ayishimga va to‘g‘ri qaror qilishim hamda Senga itoat etgan holda har kuni yaxshi ishlar qilishim uchun yordam ber”

 

 

2 DEKABR. YOMON YANGILIKLAR VA YAXSHI YANGILIKLAR

Kalomdan o‘qish: Ibtido 40:1-5, 12-23

Egamning sodiq sevgisi bo‘lmaydi ado... Buyukdir Egamning sadoqati! (Marsiya 3:22-23).

 

TASAVVUR QILGIN, quyidagi vaziyatda sen o‘zingni qanday his qilasan.

Yusufni yolg‘ondakam ayblab, zindonga tashlashdi. Uning oldiga yana ikkita mahbusni – fir’avnning bosh soqiyini va bosh oshpazini – o‘tkazmagunlaricha u qanchadir vaqt bir o‘zi zindonda o‘tirdi. Bir kechasi bosh soqiy va nonvoy tush ko‘rib, bu haqda Yusufga aytishdi. Yusuf ularga bu tushlar nimani anglatishini izohlab berdi.

– Yaxshi yangiliklar, – dedi u soqiyga. – Fir’avn uch kundan so‘ng seni ozod qilib, vazifangni tiklaydi.

U xursand bo‘ldi.

– Iltimos, fir’avnning oldiga qaytganingda, men haqimda ham eslagin, - deya iltimos qildi Yusuf. – Undan meni ham ozod qilishini so‘ra.

Yusuf shundan so‘ng fir’avnning sobiq nonvoyiga yuzlandi.

– Yomon yangiliklar bor, – dedi u. – Fir’avn uch kundan so‘ng sening boshingni uzishga buyruq beradi.

Hammasi Yusuf aytganidek bo‘ldi. Uch kundan so‘ng fir’avn ziyofat uyushtirdi. U sobiq soqiyni ozod qilib, sobiq nonvoyni qatl etishni buyurdi. Biroq soqiy Yusufning iltimosi haqida tezda unutdi va Yusuf qorong‘i zindonda qolib ketaverdi.

Garchi soqiy Yusufga bergan va’dasining ustidan chiqmagan bo‘lsada, Xudo Yusufga sodiq edi. Oradan ikki yil o‘tib fir’avn tush ko‘rganida buning ma’nosini munajjim va donolar ham ochib bera olishmadi. Ana shunda bosh soqiy Yusufni eslab qoldi. U fir’avnga o‘zining va nonvoyning tushini ta’birini Yusuf aniq aytganini so‘zlab berdi. Fir’avn Yusufni chaqirib, o‘z tushini aytib berdi. Yusuf tinglab, Xudoning yordami bilan bu tush nimani anglatishini tushuntirdi.

Yusufning tarixi (Ibtido 40-41) odamlar sadoqatsiz bo‘lishlari mumkinligini ko‘rsatadi. Bu voqea, shuningdek, hattoki do‘stlar va qarindoshlar nosodiq bo‘lganlarida ham, Xudo hamisha sadoqatli ekanligini ko‘rsatadi. Yeremiyo payg‘ambar shunday degan: “Egamning sodiq sevgisi bo‘lmaydi ado, Buyukdir Egamning sadoqati!” (Marsiya 3:22-23).

Aslida, biz aynan shundan kelib chiqqan holda, sadoqat yaxshi ekanligini bilamiz, negaki Xudo sadoqatlidir. Xudo sodiq bo‘lishimizni buyuradi, negaki Uning O‘zi sodiqdir. U hech qachon bizni tark etmaydi. U hech qachon bizni tashlab ketmaydi. U bizning ibodatlarimizni eshitmay qolmaydi. U sadoqatli. Demak, Xudo vafodor ekan, biz ham sadoqatli bo‘lishimiz lozim.

MULOHAZA QILGIN: Muqaddas Kitobdan bugun o‘qiladigan oyatlardagi soqiy to‘g‘ri ish qildimi? Nima uchun «ha» va nima uchun «yo‘q»? Nima uchun sadoqat yaxshi, xiyonat esa yomon? Sen o‘zingni qachonlardir soqiy singari tutganmisan? Agar shunday bo‘lsa, bu nimada o‘z ifodasini topgan? Sen Xudoga sodiqmisan? Oilanga-chi? Do‘stlaringga sodiqmisan?

IBODAT: “Xudoyim, Sening sevging abadiydir. Sening sadoqating buyuk. Iltimos, Senga, oilamga va do‘stlarimga sodiq bo‘lishim uchun yordam ber”.

 

 

3 DEKABR. UNING IZIDAN

Kalomdan o‘qish: 1 Butrus 2:19-25

Masih sizlar uchun azob chekib, namuna bo‘ldi. Unga taqlid qilinglar (1 Butrus 2:21).

 

1896 YILDA KANZAS SHTATIDAGI Topeki jamoatidan bo‘lgan bir qavmboshi kitob yozishni boshlab, o‘z jamoatida yakshanba oqshomlari yoshlar guruhiga (bir o‘qishda bittadan bobdan) o‘qib beraverdi. Birinchi bobda qachondir muvaffaqiyatli jamoatga oqshom chog‘i kirib kelgan – ishsiz va uysiz – bir darbadar haqida hikoya qilinadi. Darbadar bir necha so‘z aytib, behush yerga yiqilibdi. Uch kundan so‘ng bu odam qavmboshining uyida vafot etibdi. Lekin u o‘limi oldidan qavmboshiga shunday debdi:

– Siz menga mehribonlik ko‘rsatdingiz. Men Iso ham shunday qilgan bo‘lishini his qilyapman.

Darbadar kishining kelishi va aytgan so‘zlari qavmboshining hayotga bo‘lgan munosabatini o‘zgartiribdi, bunday o‘zgarish esa tezda qavm o‘rtasida tarqalibdi. Jamoat o‘z harakatini shunday savol bilan belgilaydigan bo‘libdi: “Iso qanday yo‘l tutgan bo‘lardi?” Tez orada jamoat a’zolari – ajoyib natijalar ko‘rsatgan holda – hayratomuz ishlar qila boshlashibdi, – buning boisi, barcha Iso kabi yo‘l tutishga uringanida ekan. Boshqacha aytganda, ular Isoning izdoshlariga aylanishibdi.

Qavmboshi Charlz M. Sheldonning “Uning izidan” nomli kitobi qachonlardir yozilgan eng mashhur kitoblardan biri hisoblanadi. Garchi u umumiy nashri bo‘yicha faqat Muqaddas Kitobdan ortda qolsada.

Havoriy Butrus bir vaqtlar Charlz Sheldonning kitobida keltirib o‘tilgani kabi qisqacha xabarini yo‘llagan. Butrus yozganki, “Masih sizlar uchun azob chekib, namuna bo‘ldi. Unga taqlid qilinglar” (1 Butrus 2:21).

Butrus masihiy bo‘lish – Isoga taqlid qilish demakdir, demagan; biz faqat Xudoning inoyati bilan, Iso Masihga imon keltirgan holda masihiy bo‘lamiz. Ammo Butrusning maktubida masihiycha yashash – bu Uning izidan bormoq demakdir, deyilgan. To‘g‘ri qaror qilish – bu, Isodan ibrat olmoq, demakdir. Isoga o‘xshash bo‘lish – bu, taqvodor bo‘lmoq, demakdir.

Agar biz o‘z harakatlarimizni Isoning harakatlari bilan taqqoslasak, bu holda ularning to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligini bilamiz. Agar biz o‘zimizdan, – “Iso bu vaziyatda nima qilgan bo‘lardi?” – deb so‘rasak, nima to‘g‘ri ekanligini bilamiz. Isoga ergashgan holda esa, to‘g‘ri yo‘lni tutganimizga ishonch hosil qilishimiz mumkin.

MULOHAZA QILGIN: Muqaddas Kitobdan bugun o‘qiladigan oyatda, “Isoga o‘xshash bo‘lish – to‘g‘ri bo‘lish” ekanligi haqida aytiladi. Bu nega shunday? Agar sen bugun (yoki kecha) o‘zingga, “Iso nima qilgan bo‘lardi?” deb savol berganingda, o‘zingni boshqacha tutgan bo‘larmiding? Nima uchun «ha» va nima uchun «yo‘q»?

HARAKAT QIL: Mabodo sen “Uning izidan” kitobini hech qachon o‘qimagan bo‘lsang, hoziroq o‘qib chiq. Agar bu kitob uyingda bo‘lmasa, jamoatdan yoki kutubxonadan olgin.

IBODAT: “Rabbim, Sen Isoni mening gunohlarim bois o‘limga yuborganing uchun Senga rahmat. Barcha masalada Undan ibrat olishim uchun yordam ber. Iltimos, meni har kuni Unga yanada monand etgin”.

 

 

4 DEKABR. SEN QANCHALIK TUBAN KETISHING MUMKIN

Kalomdan o‘qish: Zabur 118:27-29

Soxta yo‘llardan meni saqlagin (Zabur 119:29)

 

KOMPANIYA PREZIDENTI kunlardan birida chek yozish va hisob-kitob to‘lovi uchun mas’ul bo‘lgan xodimlardan birini oldiga chaqiribdi.

– Smizers, – debdi u, – bizda murakkab vaziyat yuzaga keldi, o‘ylashimcha, sen bu muammoni hal qilishga qodirsan.

– Albatta, yordam berishga harakat qilaman, – deb javob beribdi Smizers.

– Menga ayt-chi, – so‘rabdi prezident, – deylik, men senga o‘n ming dollar bersam, biz soliq to‘lovlaridan pulni tejab qolishimiz uchun biror kishini alday olasanmi?

Smizers darrov javob qaytarmabdi. O‘n ming dollar – uning uchun katta pul edi. U bu pullarga nima sotib olish mumkinligi haqida o‘ylabdi. Nihoyat u prezidentga yaqin egilib ko‘zini qisibdi:

– O‘ylashimcha, men buni uddalayman, – debdi u tabassum bilan.

Kompaniyaning prezidenti javoban jilmayibdi:

– Rahmat, Smizers, – debdi u. – Men buni e’tiborga olaman.

Xodim o‘girilib eshik sari ketayotganida, kompaniyaning prezidenti uni to‘xtatibdi:

– Bir daqiqa, Smizers, – debdi u, – sen o‘n dollarga shu ishni qilgan bo‘larmiding?

– O‘n dollarga! – Smizers og‘zini katta ochibdi. – Siz meni kim deb o‘ylayapsiz?

– Sen menga kim ekanligingni aytib bo‘lding, – debdi prezident. – Men faqat sen qay darajada tuban ketishingni aniqlamoqchi edim.

Smizers o‘z boshlig‘iga agar unga to‘lashsa g‘irrom bo‘lishi mumkinligini bildirib qo‘ygandi. Prezident, agar bu odam o‘n ming dollarga aldashi mumkin bo‘lsa, bundan kam pulga ham aldashi mumkinligi haqida o‘ylagandi.

Ko‘rayapsanmi, senga buning uchun har qancha pul to‘lashmasin, g‘irrom bo‘lish yomon. Har qancha katta pul haqida gap ketmasin, g‘irrom bo‘lish yomon. Hech qanday katta pul yo‘qki, buning evaziga g‘irromlik “to‘g‘ri” (yoki kechirimli) bo‘lsa. Hattoki o‘n ming dollarga ham. Hatto o‘n millionga ham. Hattoki o‘n milliard evaziga ham!

MULOHAZA QILGIN: Sen o‘zing haqingda nima deysan? Qanday miqdordagi pul evaziga seni g‘irrom bo‘lishga ko‘ndirish mumkin? Seni bunga rozi qiladigan eng kam miqdordagi pul qancha? Nima deb o‘ylaysan, har qanday pul miqdori haqida gap ketmasin, halol bo‘lish yaxshimi? Nima uchun «ha» va nima uchun «yo‘q»? Hattoki mayda vaziyatlarda ham barchasida halol bo‘lish kerakmi? Nima uchun «ha» va nima uchun «yo‘q»?

IBODAT: “Xudoyim, iltimos, meni yolg‘on yo‘llardan asragin. Hatto bu qiyin bo‘lganida va vaziyat ahamiyatsiz bo‘lib tuyulganida ham, halol bo‘lishimga yordam ber”.

 

 

5 DEKABR. HALOL EYB

Kalomdan o‘qish: Levilar 19:35-37

Uzunlikni, og‘irlikni va miqdorni o‘lchaganda g‘irromlik qilmang (Levilar 19:35).

 

AVRAAM LINKOLN HAQIDA BIR VOQEA BOR. Bu voqea hali u yosh bo‘lganida va “halol Eyb” sifatida dong taratmagan paytlarda yuz bergan.

U bir do‘konda ishlagan. Kunlardan birida xarid uchun notanish ayol keladi. Eyb hisob-kitobni chiqarib, mahsulotning narxini qog‘oz parchasiga yozib, undan pulni oladi. Ayol ketganida esa uning nazarida hisob-kitob noto‘g‘ri chiqarilib, ayoldan ortiqcha pul olgandek bo‘lib tuyuladi. Bu yerda gap faqat bir necha sentlar ustida ketayotgandi, lekin Eyb o‘zini noqulay his qildi. Do‘kon yopilganidan so‘ng u xaridorning pulini qaytarish uchun uning uyiga (oraliq uch-to‘rt kilometr masofa) bordi.

Boshqa safar esa choyni tortganida, tarozida ortiqcha tosh turganligini ko‘rib qoldi: tosh choyning og‘irligini keragidan pastroqqa tortib turardi. Bu gal ham masala bir necha sentlarda edi, biroq Eyb xatosini to‘g‘rilab, yetishmayotgan miqdordagi choyni tarozida tortib, ayolga yetkazdi.

Linkolnni nega “halol Eyb” deya ataganlarini tushunish qiyin emas. Oxir-oqibat, u bu ikkala vaziyatlarda (va boshqa ko‘plab holatlarda ham) o‘z noqulayligiga qaramasdan, hech kimni aldamaslikka va begona narsani olmaslikka urindi. U o‘z harakatlarini oqlashga harakat qilmadi. U yelkasini qisgancha shunday demadi: “Men bu ayolning haqini tarozidan urmoqchi emasdim!” U, ortiqcha pulni olish mumkin, deya o‘ylamadi. Yo‘q, u qanday bo‘lish kerak bo‘lsa, o‘zini shunday – halol inson kabi tutdi.

Xudo ham bizning shunday yo‘l tutishimizni istaydi. U yolg‘onni oqlashimizga yoki unga bee’tibor bo‘lishimizga izn bermaydi. U bizning bu kabi gaplarni aytishimizni istamaydi: “Men duch kelgan vaziyatda bu to‘g‘ri yo‘l” yoki “Hozirgi paytda bu yomon emas”. Yo‘q, U bizga ezgulik va yovuzlik haqida aytganlarini yodda tutishimizni istaydi, U esa halollik – yaxshi, yolg‘on esa – yomon deb aniq qilib aytgan.

MULOHAZA QILGIN: Nima deb o‘ylaysan, yuqorida qayd etilgan vaziyatlarda Avraam Linkoln to‘g‘ri yo‘l tutganmi? Balki, u biroz “oshirib yuborgan” deb o‘ylayapsanmi? Sening fikringcha, u “halol Eyb” deb nomlashlariga munosibmi? Sen qachonlardir o‘z yolg‘oningni oqlashga uringanmisan? Sen qachondir nomaqbul nimanidir halol deb aytganmisan? Yoki sen Xudo aytganidek ish tutishga urinasanmi?

HARAKAT QIL: Keyingi safar do‘kondan biror nima sotib olayotganingda Avraam Linkolnning halolligi haqida eslagin va qaytimni diqqat bilan qayta hisoblab chiq.

IBODAT: “Bizning Samoviy Otamiz, menga nima to‘g‘ri, nima noto‘g‘ri ekanligini faqat Sen hal etishingni yodda tutishimga yordam ber. Menga Sen O‘zing amr etganingdek, halol yo‘l tutishimga yordam ber”.

 

 

6 DEKABR. VOIZ VA KUCHUK

Kalomdan o‘qish: Levilar 19:1-2, 11

O‘g‘irlik qilmang, aldamang, birovga yolg‘on gapirmang (Levilar 19:11).

 

BIR VOIZ KUNLARDAN BIRIDA kichkina paxmoq kuchukchani o‘rab olgan bolalarga ko‘zi tushibdi. Bir muddat u bolalarni kuzatib, ularning nima qilayotganlarini tushunmabdi. Nihoyat, u yaqin kelib, bolalarning nima bilan mashg‘ul ekanliklarini so‘rabdi.

– Bir-birimizni aldayapmiz, – deb javob qaytaribdi bolalardan biri.

– Ha, – qo‘shimcha qilibdi boshqasi. – Kim hammadan zo‘r aldasa, o‘sha kuchukchani oladi.

Voizning yuzida mahkum etishni bildiruvchi ifoda paydo bo‘libdi:

– Bilasizlarmi, – debdi u, – sizlarning yoshingizda men hech qachon aldamaganman!

Bolalar bir-birlariga g‘amgin qarab qo‘yishibdi. Nihoyat, birinchi bo‘lib gapirgan bola yelkasini qisibdi.

– Siz yutdingiz! – deb e’lon qilibdi u. – Kuchukchani olib ketavering!

Bu bolalar qachonki yolg‘on eshitishsa, buni bilishardi. Xudo ham buni biladi.

Xudo bizga halol bo‘lishimizni amr etgan. Qachonlardir Isroil halqi Misr qulligidan ozod bo‘lganida, Xudo ularga Muso orqali murojaat qilgan. Uning Sinay tog‘ida, sahroda bergan amrlaridan ko‘pchiligi halollikka taalluqli. U shunday degan: “O‘g‘irlik qilmang, aldamang, birovga yolg‘on gapirmang” (Levilar 19:11).

Bu amrlar juda oddiy, to‘g‘rimi? Ular mutlaqo tushunarli. Xudo bizga halol bo‘lishimizni buyurgan. U bizning aldashimizni istamaydi; bizning yolg‘on gapirishimizni istamaydi; o‘g‘irlik qilishimizni xohlamaydi, – negaki bularning bari nohalol harakatlar! G‘irrom bo‘lish esa – hatto voizlar uchun ham – yomon!

MULOHAZA QILGIN: Muqaddas Kitobdan bugun o‘qiladigan oyatlarda Xudo aldov, yolg‘on va o‘g‘irlik haqida nimalar deydi? Senda ular (aldov, yolg‘on, o‘g‘irlik) bilan qachonlardir muammo bo‘lganmi? Agar shunday bo‘lsa, aynan qanday? Nima deb o‘ylaysan, biror masalada halol bo‘lishning o‘zi yetarlimi yoki Xudo seni har taraflama halol bo‘lishingni ko‘rishni istaydimi? Sen buni qayoqdan bilasan?

IBODAT: “Mehribon Xudoyim, men nopok bo‘lganimda Senga itoat etmay Seni umidsizlantirganimni bilaman. Iltimos, Sening aldamaslik, yolg‘on gapirmaslik vv o‘g‘irlik qilmaslik haqidagi amringni bajarishimga yordam ber. Bugun va har kuni to‘g‘ri gapirishim va halol yo‘l tutishim uchun yordam ber”.

 

 

7 DEKABR. HAQIQIY QIYMAT

Kalomdan o‘qish: Zakariyo 8:14-17

bir-biringizga haqiqatni ayting... yolg‘on qasam ichmang. Men bulardan nafratlanaman. Sarvari Olamning Kalomi shudir (Zakariyo 8:16-17).

 

AGAR SENDA YIGIRMA SO‘M BO‘LSA, nimalar sotib olgan bo‘larding (qarab ko‘r):

  • Shokoladmi yoki yangi gazetami?

Agar senda ellik so‘m bo‘lsa, nima sotib olgan bo‘larding:

  • Gamburger va kola yoki telefon kartochkasimi?

Agar senda uch ming so‘m puling bo‘lsa, nima sotib olgan bo‘larding:

  • Yangi krossovka yoki CD – pleyermi?

Agar senda million so‘m bo‘lsa, nima sotib olgan bo‘larding:

  • Kvartirami yoki iguana egalari uchun jurnalga bir umrlik obunanimi?

Harqalay, oxirgi holatdagi tanlov tushunarli: axir iguana egalari jurnaliga bir umrlik obuna bo‘lishni har kim istaydi! Biroq boshqa savollarni ham ko‘rib chiqaylik. Nega sen aynan shuni tanlading? Senga tanlash qiyin kechdimi?

Sen bu buyumlarni qadrlaganing uchun tanlading. Sening tanloving sening qiymat tizimingga bog‘liq.

Xudoga ham xuddi narsa taalluqli. Uning tanlovi Xudoning qiymat tizimidan xabar beradi. Misol uchun, Muqaddas Kitobdan bugun o‘qiladigan oyatlarda Xudo nimani qadrlashi va nimani qadrlamasligi haqida so‘zlaydi! Buni tushunish qiyin emas. Xudo Quddus ahliga shunday buyuradi: “Bir-biringizga haqiqatni ayting”, negaki U haqiqatni qadrlaydi. U shunday buyuradi: “Yolg‘on qasam ichmang”, – negaki nopok harakatlarga toqat qilolmaydi (Zakariyo 8:16-17).

Agar biz Xudoni sevsak va Unga ergashishni xohlasak, bizning harakatlarimizdan (xuddi U kabi) halollikni qadrlashimiz ko‘rinib turishi kerak.

MULOHAZA QILGIN: Zakariyo 8:14-17 qayta o‘qib chiq. Quyida Xudo O‘z xalqiga nimalar deganini ikki qatorga yozib chiq, bunga ko‘ra Xudo nimani qadrlashi, nimadan esa nafratlanishi ayon bo‘lsin:

Xudo qadrlaydiganlar

 

Xudo nafrat qiladiganlar

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

Qani ko‘raylikchi, Xudoning qadriyatlari sening qadriyatlaring va harakatlaringda qanchalik namoyon bo‘larkan?

IBODAT: “Rabbim, Sen menga halol bo‘lishni amr etganingni bilaman, negaki Sen halollikni qadrlaysan. Iltimos, men ham halollikni qadrlashimni o‘z harakatlarim orqali ko‘rsatishimga yordam ber”.

 

 

8 DEKABR. IKKITA UY

Kalomdan o‘qish: Chiqish 34:1-6       

Men Egangman! Men Egangman! Rahmdil va inoyatli, jahli tez chiqmaydigan Xudoman, sevgim va sadoqatim mo‘ldir (Chiqish 34:6)

 

KONNEKTIKUT SHTATI, XARTFORDDAGI YASHIL TEPALIKDA deyarli yuz yillar avval qurilgan ikkita uy turibdi. Ularni umumiy hovli ajratib turadi.

Uylardan biri – juda chiroyli, katta va g‘aroyib. Unda tom qismidagi deraza,  qubbalar, uzun ayvonlar, ajoyib gullar va bezaklar bor. Qaysidir qismlarida u – misol uchun, peshayvon va zinopoya – Missisipi bo‘ylab suzadigan kemaga o‘xshaydi.

Boshqa uy anchayin kichikroq, ixcham va qulay. Undagi xonalar kichkina, zinopoyalari tor. U ajoyib ko‘rinadi, ammo g‘aroyib emas. Bu uyning javonlari Muqaddas Kitob va boshqa kitoblarga to‘la.

Agar sen Xartforddagi bu ikkala uyni ko‘rsang, bu yerda qanday odamlar yashaganini darhol tushunasan. Sen, birinchi uyni qurgan odam favqulodda va g‘ayrioddiy odam bo‘lgan, degan xayolga borasan. U Missisipidagi kemalarni yoqtirgani aniq. Sen bunda haqsan: birinchi uy “Tom Soyerning sarguzashtlari” va Geklberri Finning sarguzashtlari” asarlarining muallifi yozuvchi Mark Tven (Semyuel Klemens)ga tegishli bo‘lgan.

Shuningdek, sen, ikkinchi uy kamtarroq va bosiqroq kishiga, ehtimol, masihiyga tegishli bo‘lgan, deya xayol qilarsan. Bu fikrda haqsan, negaki qachonlardir ushbu mo’jazgina uyda qavmboshining qizi, “Tom tog‘aning kulbasi” asarini yozgan Garriyet Bicher-Stou yashagan.

Bu qiziq, to‘g‘rimi? Mazkur uylarga nazar tashlab, sen Mark Tven va Garriyet Bicher-Stou kim bo‘lganligini tushunasan. Sen Tvenning Missisipida lotsman bo‘lganligini tushunasan. Sen, Bicher-Stou masihiy bo‘lgan, deb aytishing mumkin.

Xudo va Uning amrlari bilan ham xuddi shunday bo‘ladi. Uning amrlari nafaqat Xudoning qadrlashini, balki Uning O‘zi ham qanday ekanligini ko‘rsatadi. Uning aldamaslik, yolg‘on gapirmaslik va o‘g‘irlamaslik haqidagi amrlari Xudoning tabiati va fe’l-atvorining qandayligini ko‘rsatadi. Muso qonunlarga ega bo‘lganida , Xudo shunday degandi: “Men Egangman! Men Egangman! Rahmdil va inoyatli, jahli tez chiqmaydigan Xudoman, sevgim va sadoqatim mo‘ldir” (Chiqish 34:6). Xudo halollikni qadrlaydi, negaki Uning O‘zi – haqiqiy. U – adolat va haqiqat Xudosi, shu bois aldash, yolg‘on gapirish va o‘g‘irlash – yomondir.

MULOHAZA QILGIN: Xudoning aldamaslik, yolg‘on gapirmaslik va o‘g‘irlamaslik haqidagi amrlari Uning tabiati va fe’l-atvorida qanday aks etadi? Halol bo‘lish nima uchun yaxshi? Nopok bo‘lish nima uchun yomon? Quyidagi jumlani davom ettir:

Xudo halol bo‘lishni buyuradi, negaki ___________________

Xudo halollikni qadrlaydi, negaki ____________________

IBODAT: “Rabbim Xudo, Sen ezgulik va haqiqatsan. Bilaman, halollik- yaxshi, negaki Sen to‘g‘riso‘z va haqiqat – Sening tabiatingdir. Iltimos, halol bo‘lishimga yordam ber, negaki halol bo‘lish Senga o‘xshash bo‘lish ekanligini bilaman”.

 

9 DEKABR. SEN KIMGA ISHONASAN?

Kalomdan o‘qish: Luqo 16:10-12

To‘g‘ri so‘z shohning quvonchidir, u rostgo‘ylarni yaxshi ko‘radi (Hikmatlar 16:13).

 

SEN KIMGA ISHONASAN? Harholda, sen bu dunyoda o‘z pullaringni kamdan-kam odamlarga ishonib topshirasan, to‘g‘rimi? Va bundan ham kamroq kishilarga eng maxfiy sirlaringni ishonishing mumkin. Quyida pul yoki sirlaringni ishonishing mumkin bo‘lgan ikki yoki uch kishining ismini keltirgin:

­­­_________________________________________

_________________________________________

_________________________________________

_________________________________________

Endi esa kel, nega bu odamlarga ishonishing haqida o‘ylab ko‘r. Sen ularga ishonishingni tushuntiradigan jumlalar yoniga belgi qo‘ygin.

□  Ular shu yerda yashayotgani uchun ishonaman.

□  Ulardan har biri qachondir meni aldagani uchun ishonaman.

□  Ular menga yoqqani uchun ishonaman.

□  Ular yoqimtoy bo‘lgani uchun ishonaman.

□  Ularning hech qachon biror nimani o‘g‘irlaganini ko‘rmaganim uchun ishonaman.

□  Ular barcha mashhur qo‘shiqlarni bilgani uchun ishonaman.

□  Ular loviyani yoqtirgani uchun ishonaman.

□  Ular menga hech qachon yolg‘on aytmaganlari va aldamaganliklari uchun ishonaman.

□  Ular burunlarini chuqilagani uchun ishonaman.

Sen harqalay, bitta yoki ikkita bandni tanlading. To‘g‘rimi? Nima uchun?

Negaki, sen barcha mashhur qo‘shiqlarni biladigan odamga ko‘p yoki kam ishonib qolmaysan. Sen burnini chuqilagani uchun kimgadir ishonch bildirmaysan. Seni qachondir aldagan odamga-ku ishonchingni ko‘rsatmasliging aniq.

Agar ishonchga shunday qilib erishilmasa, bu holda qanday qilib? Bu oddiy, to‘g‘rimi? Sen o‘zing bilan halol bo‘lgan odamga ishonasan. Sen avval senga to‘g‘ri gapni aytgan odamga ishonasan. Negaki halollik ishonch uyg‘otadi. Bu Xudoning amrlarini bajarayotgan va halol bo‘lgan insonlar uchun yana bir foydani hosil qiladi. Sen halol bo‘lsang, boshqalar senga ishonishga moyil; sen g‘irrom bo‘lganingda odamlar sendan shubha qilib, ishonishmaydi.

Sulaymonning hikmatlaridan biri shunday deydi: “To‘g‘ri so‘z shohning quvonchidir, u rostgo‘ylarni yaxshi ko‘radi” (Hikmatlar 16:13). Bu nafaqat shohlarga, balki barchaga ham tegishlidir. Odamlar halollikni qadrlashadi va to‘g‘riso‘z kishilarga ishonishadi.

 MULOHAZA QILGIN: Agar sening do‘stlaring o‘zlari ishonadigan odamlar haqida ro‘yxat tuzishlarini (xuddi sen yuqorida qilganingdek) so‘rashsa, bu ro‘yxatda sening isming bo‘larmidi? Nima uchun «ha» va nima uchun «yo‘q»? Ota-onang, o‘qituvchilaring, oilangning boshqa a’zolari haqida nima deysan? Sening harakatlaring boshqalarni senga ishonishga undaydimi yoki aksincha – ishonmaslikkami? Sen buni qayoqdan bilasan?

Ibodat: “Ota Xudo, do‘stlarim, ota-onam va boshqa odamlar menga ishonishlarini xohlayman. To‘g‘ri gaplarim va harakatlarim bilan ishonchga sazovor bo‘lishimga yordam ber”.

 

 

10 DEKABR. BALIQCHINING XOTINI

Kalomdan o‘qish: Hikmatlar 11:1-6   

To‘g‘rilarning sofdilligi yo‘l ko‘rsatsa, xoinlarning ikkiyuzlamachiligi halok qiladi (Hikmatlar 11:3).

 

ARABLARNING BALIQCHI HAQIDA ESKI BIR ERTAGI BOR. Kunlardan birida baliqchi ertalab baliq ovlagani ketibdi va ajoyib yarqiroq baliqni ushlabdi. Baliqning vazni uch kilogramm ekan.

Ovchi o‘ljasini ko‘rsatish uchun uyiga shoshilibdi.

    – Bu axir ajoyib emasmi? – deb so‘rabdi u. – Hech qachon bunday chiroyli baliqni ko‘rmagandim! Bugun kechki ovqatga shuni tayyorlaymiz.

Baliqchi o‘ljasini oshxonada qoldirib, yana ov qilgani ketibdi. Vaqt o‘tibdi, xotinning esa ovqatlangisi kelibdi. U ochlikka (va katta baliqqa ham) e’tibor qilmaslikka urinibdi, biroq ochlik tobora kuchayaveribdi. Ayol baliq qanday shirin bo‘lishi haqida o‘ylay boshlabdi. Nihoyat, bu xotinning sabri chidamabdi, baliqni olib tovaga tashlab qovuribdi, stolga o‘tirib oxirgi bo‘lagigacha yeb qo‘yibdi.

Baliqchi uyga qaytib kelganida, baliqdan asar qolmagandi.

    – Tasavvur qil-a, – debdi xotin taajjubli ohangda mushukka ishora qilib, – bu la’nati mushuk oshxonaga kirib, baliqning hammasini yeb qo‘yibdi!

Baliqchi mushukni ushlab olganida xotini, hozir erim bu jonivorni o‘ldirib qo‘yadi, deb o‘ylabdi. Ammo baliqchi mushukni oshxona tarozisiga qo‘yibdi. Mushukning vazni ikki yarim kilogramm chiqibdi.

    – Balig‘imni yeb qo‘ygan mushuk, – debdi baliqchi yolg‘onchi-xotiniga, – olib kelgan balig‘imdan ko‘ra yengil bo‘lmas edi.

Xotini yolg‘on gapirganini er tushunibdi.

Ba’zan bizning nazarimizda vaziyatdan chiqishning yaxshi yo‘li – yolg‘on gapirish bo‘lib tuyuladi, lekin aslida bu tuzoq. Bitta yolg‘on ketidan ikkinchisini albatta boshlab keladi. Bitta nopok harakat – ikkinchisiga boshlaydi. Haqiqat esa baribir qachonlardir ma’lum bo‘ladi. Odatda haqiqat hamisha – yolg‘onchini hayron qoldirib – yuzaga chiqadi. Unga uyatli bo‘ladi. U o‘zini aybdor his qiladi. Odatdagidek, “xoinlarning ikkiyuzlamachiligi halok qiladi” (Hikmatlar 11:3).

Eski arab ertagida baliqchining xotini bilan ham shunday bo‘ldi. Agar bizni poklik boshqarmasa – xuddi shu holat biz bilan ham yuz beradi.

MULOHAZA QILGIN: Sen o‘z yolg‘oning to‘riga tushib qolgan paytlar bo‘lganmi? Agar shunday bo‘lsa, qay tariqa? Avvalgi yolg‘onni yashirish uchun yangi yolg‘on to‘qishga to‘g‘ri kelgan paytlaring bo‘lganmi? Bu shunga arzirmidi? Nima to‘g‘ri: to‘g‘riso‘zlikmi yoki yolg‘onmi? Nima donolik: to‘g‘riso‘z bo‘lishmi yoki aldashmi? Seni nima yaxshiroq himoya qiladi: halollikmi yoki yolg‘onmi?

IBODAT: “Ota, yolg‘on – tuzoq ekanligini bilaman. Iltimos, meni bu xatardan xalos et va nimaiki qilmay, barchasida halol bo‘lishim uchun yordam ber”.

 

 

11 DEKABR. OLOV, SUV VA YAXSHI NOM

Kalomdan o‘qish: Efesliklar 4:17-28

Yaxshi nom – eng katta boylikdan ortiq, marhamatga sazovor bo‘lish esa kumushu oltindan ham yaxshi (Hikmatlar 22:1)

 

BIR VAQTLAR UCHTA DO‘ST birgalikda sayohatga jo‘nashibdi. Ularni Olov, Suv va Yaxshi Nom deya atasharkan.

– Do‘stlarim, – debdi o‘rtoqlariga Olov, – biz uzoq yo‘lga jo‘nayapmiz, bizni oldinda ko‘pgina xavf-xatar kutib turibdi. Xo‘sh, agar bir-birimizni yo‘qotib qo‘ysak, nima qilamiz?

– Dono fikr, – debdi Suv. – Biz agar yo‘qolib qolsak, bir-birimizni qanday topishni kelishib olishimiz kerak.

Do‘stlar bir muddat jim qolishibdi. So‘ngra Olov shunday debdi:

– Mabodo meni yo‘qotib qo‘ysanglar, osmonga qaranglar. Qayerda tutun ko‘rsalaringiz, men o‘sha yerda bo‘laman.

– Agar men yo‘qolib qolsam, – debdi Suv, yerga qaranglar. Qayerda namlik, botqoq joy bo‘lsa, men o‘sha yerda bo‘laman.

Olov va Suv Yaxshi Nomning javobini kutishibdi. Lekin uning qiyofasi g‘amgin ekan.

– Agar meni yo‘qotib qo‘ysangizlar, – debdi Yaxshi Nom, – izlamasangiz ham bo‘ladi. Odatda meni yo‘qotib qo‘yishsa, topib olishlarining iloji yo‘q!

Bu esa to‘g‘ri. Yaxshi nom – juda qimmatli narsa; sen uni yo‘qotganingda, tag‘in topib olishing juda qiyin (odatda buning iloji yo‘q). Ko‘plab odamlar uni o‘zlarining nopok harakatlari bois yo‘qotib qo‘yishgan. Ko‘plab hayotlar nopok so‘zlar yoki harakatlar tufayli barbod bo‘lgan.

Mana nima uchun halollik – sening foydangga ishlaydi. Halollik – yaxshi siyosat hamdir, ya’nikim, Xudo seni himoya qilishga urinadi va senga yaxshilik bo‘lishi uchun g‘amxo‘rlik qiladi. Halollik yaxshi nomni asraydi; nopoklik uni xarob qiladi.

“Yaxshi nom – eng katta boylikdan ortiq, – deb yozadi shoh Sulaymon, – marhamatga sazovor bo‘lish esa kumushu oltindan ham yaxshi” (Hikmatlar 22:1). Boshqacha aytganda, yolg‘on gapirib va aldab yaxshi nomingni yo‘qotib qo‘ymagin – sen undan butunlay ajralib qolishing mumkin!

MULOHAZA QILGIN: Yaxshi nom – bu odamlarning sen haqingdagi yaxshi fikrlari. Misol uchun, ular seni halol – balki g‘irrom – deb hisoblashlari mumkin. Sen qaysi birini afzal ko‘rasan? Nima deb o‘ylaysan, hozir senda yaxshi nom bormi? Sen uni qanday qilib yaratishing (yoki asrashing) mumkin? Halollik yaxshi nomingni saqlashga qanday yordam beradi?

IBODAT: “Bizning Samoviy Otamiz, halol inson hurmatini qozonishim uchun yordam ber”.

 

 

12 DEKABR. GAZETANING SARLAVHASI

Kalomdan o‘qish: Levilar 26:3-12

Agar qonunlarimga amal qilib, amrlarimni bitta qoldirmay bajarsangiz... Men yurtingizga tinchlik ato etaman, yotganingizda hech kim sizni vahimaga solmaydi (Levilar 26:3, 6).

 

TASAVVUR QIL, sen ertalab gazeta sotib olib, unda shuni o‘qiyapsan:

·   “Jinoyatchilik darajasi tezlik bilan pasaymoqda”.

·   “Giyohvand odam axlat qutisidan topib olgan ming dollarni qaytarmoqda”.

·   “Dunyoning yirik banki kechasi o‘z seyflarini ochiq qoldirmoqda”

·   “Do‘kon egalari narxni pasaytirishgach, do‘kondagi o‘g‘irliklar barham topdi”

·   “Yoqilg‘i quyish shoxobchalari haydovchining chin so‘ziga tayanishmoqda”

·   “Qulf ishlab chiqarish korxonalari va xavfsizlik tizimi xonavayron bo‘ldi”.

·   “Sug‘urta kompaniyalari surishtiruvni bekor qilib, barcha xohlovchilarga sug‘urta puli berishmoqda”

·   “Aeroportlarda detektorlardan foydalanish bekor qilindi, endi ularga zarurat yo‘q”.

Bu g‘alati bo‘lardi, to‘g‘rimi? Biroq mabodo bu olamda barcha to‘g‘riso‘z bo‘lib qolsa, bu shunday bo‘lishi mumkin. O‘shanda aeroportlarda nazorat tizimidan o‘tishga hojat qolmasdi. O‘shanda do‘konlarda kiyimlarning o‘g‘irlanishiga to‘sqinlik qiladigan ohanraboli birkalar bo‘lmasdi. O‘shanda kvartiralarni, mashinalarni, buyumlarni saqlash kameralarini qulflashga ehtiyoj qolmasdi.

Bu ajoyib bo‘lardi, to‘g‘rimi? Endi bilayapsanmi, Xudoning amrlari qanchalik dono. Agar biz Xudoga itoat etganimizda, dunyo butunlay boshqacha va ancha yaxshi joyga aylangan bo‘lardi. Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: “To‘g‘ri yurgan xavf-xatarni bilmaydi, yo‘ldan og‘gan esa jazo topadi” (Hikmatlar 10:9).

Albatta, dunyo bir kechada poklanib qolmaydi. U hattoki asta-sekin poklanib borishga ham qodir emas. Lekin sen bilan biz ham shundaymiz. Biz Xudoga itoat etishimiz va Uning aldamaslik, yolg‘on gapirmaslik va o‘g‘irlamaslik haqidagi amrlariga amal qilishimiz kerak. Bu olamni o‘zgartirmaydi, lekin seni (va atrofimizdagi odamlarni ham) o‘zgartiradi. Bu ham juda ajoyib!

MULOHAZA QILGIN: Agar barcha odamlar o‘zlarini halol tutganlarida, dunyo qanday bo‘lishini tasavvur etish qiziq. Biroq mana shu haqda bir o‘ylab ko‘r: agar sen har kuni o‘zingni halol insondek tutsang, sening olaming (oilang, do‘stlaring bilan munosabatlaring, maktabing va h.k.z.) qanday bo‘lgan bo‘lardi? Mabodo sen to‘g‘riso‘z bo‘lsang, oilang va do‘stlaring ham to‘g‘riso‘z bo‘lisharmidi?

HARAKAT QIL: Xudoning amrlarini bajarish hamda rostgo‘y bo‘lish foydali hamda donolik ekanligini senga har kuni eslatib turishi uchun stol ustiga gazeta qo‘ygin.

IBODAT: “Rabbim, Sen kimki pokiza bo‘lsa, bexatar yurishini aytasan, Iltimos, men har kuni poklikda xavfsiz bo‘lishim uchun yordam ber”.

 

 

13 DEKABR. AHMOQONA SAVOL

Kalomdan o‘qish: Yuhanno 14:1-6       

Iso unga (To‘maga) aytdi: Men yo‘l, haqiqat va hayotdirman. Otaning oldiga olib boradigan Mendan boshqa yo‘l yo‘q (Yuhanno 14:6).

 

SEN DARSDA O‘TIRIB, o‘qituvchini tinglayapsan. Tinglayapsan – ammo hech nimani tushunmayapsan. O‘qituvchi go‘yoki chet tilida gapirayotganga o‘xshaydi. Sen qo‘lingni ko‘tarib, so‘ramoqchi bo‘lasan: “Siz shu gapni qaytarib aytolmaysizmi? Men hech nimani tushunmadim”.

Lekin sen albatta bunday qilmaysan. Sen hech qachon bunday qilmaysan. Sen yaxshisi o‘zingga yog‘ni surtib, hayvonot bog‘idagi ayiqning oldiga kirishni afzal ko‘rasan. Zero maktabda hech kim ahmoqona savollar bermaydi, to‘g‘rimi?

Ammo bu qanchalik ahmoqona savol bo‘lmasin, u baribir olamdagi eng bema’ni savol bo‘lib qolmaydi. Bu o‘rinda bundan ikki ming yil avval yashagan Pilat ismli (kimdir uning bu boradagi ustunligiga shubha qilishi mumkinmi?) bir siyosatchi eng oldingi o‘rinda turibdi. U hashamatli kiyimda balandlik ustida turib so‘ramoqda: “Haqiqat nima o‘zi?”

“Bu savolning bema’niligi nimada ekan?” – deb so‘raysan sen. Mana gap nimada: javob uning shundoq ko‘z o‘ngida turgandi! Bu xuddi mashg‘ulotlarning birinchi kunida o‘z ismini doskaga yozgan o‘qituvchiga shunday savol berganga o‘xshaydi: “Sizning ismingiz nima?”

Ko‘rayapsanmi, Iso Masih Pilat oldida turib, O‘zi haqida aytgan: “Men yo‘l, haqiqat va hayotdirman” (Yuhanno 14:6). Pilat, “Haqiqat nima o‘zi?” – deb so‘raganida, Iso shunday javob berishi mumkin edi: “Haqiqat sening qarshingda”.

Ko‘rayapsanmi, biz haqiqatni odatda qandaydir o‘ziga xos tushuncha va g‘oya sifatida tasavvur qilamiz. Biz bu qoida yoki sifat deya o‘ylaymiz. Biroq haqiqat – shunchaki g‘oya emas. Bu Shaxs bo‘lib, uning ismi bor: Iso Masih.

Haqiqatni tushunish va uni o‘z hayotida qo‘llashning yagona uslubi – Iso Masih bilan haqiqiy, jonli munosabatlarni o‘rnatishdir, negaki Uning O‘zi haqiqatdir! U nafaqat haqiqatni aytadi. U nafaqat haqiqatni biladi! U – haqiqatning O‘zidir!

Bu demak, agar sen Iso Masih orqali qutqarilishga ishonsang, nafaqat haqiqat bilan tanishasan, balki Haqiqatning o‘zi sening botiningda yashaydi! Demak, to‘g‘ri qaror qilish hamisha ham bir qator qoidalarga amal qilish lozimligini anglatmaydi. Bu munosabat – Haqiqatning o‘zi bilan munosabatdir. Sen Unga qanchalik yaqin bo‘lsang, U shunchalik – O‘zining Muqaddas Ruhi orqali – senga haqiqatni anglashingga, haqiqatni bilib, shu asosda yashashingga yordam beradi.

MULOHAZA QILGIN: Sen Masih orqali qutqarilishga ishonasanmi? Sen shu so‘zlarni aytgan Zotga ishonasanmi: “Men yo‘l, haqiqat va hayotdirman”? Agar ishonmasang, nima uchun? Agar ishonsang, senda Haqiqat yashamoqda. Iso amrlarni bajarishing uchun senga yordam berishini qayoqdan bilasan?

IBODAT: “Rabbim Iso, Sen “yo‘l, haqiqat va hayotdir”san. Meni gunohdan qutqarib, botinimda yashayotganing uchun Sendan minnatdorman. Qoidalarga emas, Sen bilan munosabatlarga ko‘ra to‘g‘ri qaror qilishim uchun yordam ber”.

 

 

14 DEKABR. HALOL O‘YIN

Kalomdan o‘qish: Zabur 66:2-6

Elatlar orasida aytingki: “Egamiz Shohdir!

Olam mustahkam o‘rnashgan, hech qachon tebranmaydi,

U xalqlarni haqqoniy hukm qilar ( Zabur 95:10).

 

SEN MAHSULOTLAR SOTIB OLADIGAN Universamning kirish joyida yangi o‘yin avtomati qo‘yishibdi. O‘yin, “Jangchining g‘azabi” deb nomlanadi. Sen cho‘ntagingdan mayda pul izlab, avtomatga ikkita tanga tashlaysan. Yovuzona ovoz yangraydi: “Salom! Sen o‘limga tayyormisan?”

– Boshladik! – deysan sen o‘ng tarafdagi qizil va ko‘k tugmachalarni bosib.

Ekranda oltita raqibing paydo bo‘ladi. Ularning hammasi bir vaqtning o‘zida senga tashlanishadi. Ajdarho olov purkaydi, uning qo‘llari o‘rnida esa – olovli shamshirlar. Nemezida o‘z dushmanlarini qiyratib, kattakon qilichini silkitadi. Malvant uzun dumini qudratli qurol kabi ishlatadi, uning qo‘llarida esa granatomyot bor. Qolgan uchtasi esa yanada dahshatliroq.

Sen peshonangdagi terni artib, qizil tugmachani bosasan. Ekranda yozuv paydo bo‘ladi: “Qurolni tanlagin”. Sen ekranga qarab, ko‘zlaringga ishonmaysan. Senga qo‘lga taqiladigan kalta pichoqlar to‘plamini yoki o‘nta rezina tayoqlarni taklif qilishmoqda. Hatto ikkalasini bir vaqtning o‘zida olish mumkin emas!

– Bu g‘irromlik! – deysan sen avtomatni tepib. – Bu mumkin emas!

Sen faqat pichoqlar bilan qurollangan holda o‘yinni davom ettirmoqchi bo‘lasan, ammo tez orada halok bo‘lasan.

– Menga pullarimni qaytaring! – deya hiqillaysan. – Bu g‘irrom o‘yin!

Bu axir nohaqlik bo‘lardi, to‘g‘rimi? Bu mutlaqo noto‘g‘ri bo‘lgan bo‘lardi? Ha! Axir halollik – bu to‘g‘ri, g‘irromlik esa – noto‘g‘ri, shundaymi? Shunday! Mana nima uchun senda yutish uchun umuman imkon bo‘lmagan o‘yinga pul sarf qilib, ko‘ngling bunchalik buzilgan bo‘lardi. Biroq sen nima uchun halollik yaxshi, g‘irromlik esa yomon ekanligini bilasanmi?

To‘g‘ri. Negaki bizni yaratgan Xudo – to‘g‘riso‘z. U adolatli. U – Xudo, “Xalqlarni haqqoniy hukm qilar” (Zabur 95:10). Muqaddas Kitobda shunday deyilgan:: “Hamma yo‘llari adolatlidir” (Qonunlar 32:4).

Ko‘rayapsanmi, halollik yaxshi, negaki Xudo to‘g‘riso‘zdir. G‘irrom bo‘lish noto‘g‘ri, negaki Bu Xudoga xos emas. Biz boshqalar bilan to‘g‘riso‘z bo‘lganimizda, to‘g‘ri ish qilamiz, negaki Xudo hamisha to‘g‘riso‘zdir.

MULOHAZA QILGIN: Sen qachondir shunday deganmisan: “Bu g‘irromlik!”? Agar shunday bo‘lsa, oxirgi marotaba qachon aytding? Sen to‘g‘riso‘zlik yaxshi, yolg‘on esa yomon ekanligini bilasanmi? Sen shu haftada kimdir bilan g‘irromlarcha munosabatda bo‘ldingmi? Agar shunday bo‘lsa, sen bu holat bilan nima qilishing kerak? Agar g‘irromlikka yo‘l qo‘ymagan bo‘lsang, kelajakda to‘g‘riso‘z bo‘lib yashashni davom ettirishga munosabating qanday?

IBODAT: “Xudoyim, Sen barcha xalqlarni adolatli hukm qilishingni bilaman. Sen nimaiki qilmagin, barchasi to‘g‘ri va odil ekanligini bilaman. O‘zing kabi barcha bilan to‘g‘riso‘z bo‘lishimga yordam ber”.

 

 

15 DEKABR. MUSHUKNING MO‘YLOVI

Kalomdan o‘qish: Mark 14:32-38

Ko‘z-quloq bo‘lib turinglar, vasvasaga tushib qolmaylik, deb ibodat qilinglar (Mark 14:38).

 

·   SEN TUYAQUSHNING KO‘ZI miyasidan katta ekanligini bilasanmi?

·   Sen sigirning oshqozoni ikkita ekanligini bilasanmi?

·   Sen qushlarning suyagi kovak ekanligini bilasanmi?

·   Sen asalarilar o‘z g‘izillashini eshitmasliklarini bilasanmi? (Ularning qulog‘i yo‘q.)

Jonivorlarni kuzatish juda qiziq, to‘g‘rimi? Mana yana bir qiziqarli ma’lumot: sen mushuk mo‘ylovining uzunligi tanasining eng enli qismi bilan teng ekanligini bilasanmi? Shu bois mushuk mo‘ylovini tekkizib, torgina tirqishdan o‘tib ketishi mumkinligi biladi. Mabodo uning mo‘ylovlari devorga tegsa, bu yerdan o‘tib bo‘lmasligini tushunadi.

Sen bilan biz noxushliklarga tushib qolmasligimiz uchun shunga o‘xshash qurilmaga ega bo‘lsak foydali bo‘larmidi? Axir biror yoqqa borishdan avval, bu qarorimiz to‘g‘ri ekanligini bilish foydali bo‘lmasmidi?

Garchi bizda mushuklardagi kabi mo‘ylov bo‘lmasada (harholda ayrimlarning yuzida qandaydir mo‘ylar o‘sadi, to‘g‘rimi?), bu bizning mutlaqo himoyasiz ekanligimizni ko‘rsatmaydi. Bizda mushuk mo‘ylovidan ko‘ra yaxshiroq nimadir bor. Bu – ibodatdir.

Ko‘rayapsanmi, Iso hukmni va hochga mixlashlarini kutganida, bir qancha shogirdlarini O‘zi bilan birga olib, Getsemaniya bog‘iga ibodat qilish uchun bordi. U nimalar yuz berishini bilardi, shogirdlari esa bundan bexabarga o‘xshashardi. U shogirdlarini ogohlantirmoqchi bo‘ldi. U shunday dedi: “Ko‘z-quloq bo‘lib turinglar, vasvasaga tushib qolmaylik deb ibodat qilinglar” (Mark 14:38). Biroq afsuski, shogirdlari Unga quloq solishmadi. Ular ibodat qilish o‘rniga o‘zlarini bo‘sh qo‘yib uyquga ketdilar. Mabodo ular ibodat qilganlarida, keyingi bir necha kun mobaynida o‘zlari to‘qnash keladigan vasvasalarga qarshi yaxshiroq tayyorlangan bo‘lishardi. Kim biladi deysiz? Balki, Yoqub qochib ketmagan bo‘lardi. Ehtimol, Butrus Isodan yuz o‘girmasdi. Lekin biz bu haqda bilmaymiz, albatta, negaki ular ibodat qilishmadi va vasvasaga berilishdi.

Sizda mo‘ylov borligi muhim emas, ammo ibodat qilish – muhim. Mabodo, “Bizni vasvasaga duchor qilmagin” (Luqo 11:4), deb ibodat qilsak, Xudo bizni noto‘g‘ri yo‘l tutish vasvasasini uyg‘otadigan bir qancha vaziyatlardan ogohlantiradi va bizni yengib o‘tishimiz mumkin bo‘lgan vasvalardan olib o‘tadi. Ammo biz “ko‘z-quloq bo‘lib, ibodat qilish” muhim ekanligini unutmasligimiz lozim. Aks holda vasvasa bizdan kuchliroq bo‘lib chiqadi.

MULOHAZA QILGIN: Nima deb o‘ylaysan, agar Isoning shogirdlari Getsimaniya bog‘ida ibodat qilib, uxlab qolmaganlarida hammasi boshqacha bo‘lishi mumkinmidi? Agar yo‘q deb javob bersang, nima uchun? Agar ha deb javob bersang, qay tarzda? Xudo vasvasaga qarshi turishingda yordam berishi uchun har kuni ibodat qilasanmi? Xudodan seni vasvasadan qutqarishini qachon so‘rash sen uchun afzalroq: vasvasa paytida, undan keyinmi yoki avvalroqmi?

IBODAT: “Rabbim, vasvasaga qarshi turish kuchiga ega bo‘lishim uchun har kuni ibodat qilishimga va vasvasa meni g‘aflatda qoldirmasligi uchun to‘g‘ri yo‘l tutishimga yordam ber”.

 

 

16 DEKABR. NOTO‘G‘RI QADAMLAR

Kalomdan o‘qish: Zabur 102:1-8

Egamiz rahmdil, inoyatlidir,

Jahli tez chiqmaydi, sodiq sevgisi mo‘ldir (Zabur 102:8).

 

MUQADDAS KITOBDA odamlar qanday qilib noto‘g‘ri qaror qilganlari haqida ko‘pgina voqealar keltirilgan:

·   Sora Xudoning va’dasini eshitib, kulib yubordi.

·   Yoqub o‘z akasini aldadi.

·   Shimsho‘n o‘z qudratining sirini birinchi uchragan yoqimtoy ayolga berib yuborishga tayyor edi.

·   Dovud boshqa erkakning xotinini tortib oldi – hattoki o‘sha erkakni o‘limga yubordi!

·   Yunus Xudoning Kalomini o‘zi yomon ko‘radigan xalqqa yetkazish o‘rniga, qochishga urindi.

·   Butrus barchaning oldida Rabbiydan yuz o‘girdi.

·   Mark Pavlus boshchiligidagi xizmatchilar jamoasini tark etib, uyiga qaytdi.

Bu bor-yo‘g‘i bir qancha misollar, xolos! Ayrimlar bundan battarini ham qilishgan!

Xo‘sh, Xudo barcha bu odamlarning harakatlariga qanday javob qaytardi? Aslida Xudo ularni Muqaddas Kitob sahifalaridan uloqtirib tashlab, shunday deyishi kerak edi: “Yo‘qollaring, men undan ko‘ra Xano‘xga butun boshli bobni bag‘ishlaganim afzal!” U hech nima demasdan, ularni to‘g‘ridan-to‘g‘ri zindonga jo‘natishi mumkin edi. Agar U xohlaganida, ularni kulga aylantirib yuborardi.

Biroq Xudo aslo bunday qilmadi. Aksincha, U Soraga bergan va’dasini bajardi. Sora o‘g‘lini “kulgi” ma’nosini anglatadigan Ishoq ismi bilan atadi. Xudo Yoqubning o‘g‘illaridan Isroil deb nomlanish sharafiga ega bo‘lgan butun bir xalqni yaratdi. Xudo Dovudni kechirdi. Xudo Butrusni kechirdi. Xudo Markka va Yunusga ikkinchi imkoniyatni berdi.

Xudo shunday yo‘l tutdi, negaki U rahmdil. Dovud shunday yozgandi: “Egamiz rahmdil, inoyatlidir, jahli tez chiqmaydi, sodiq sevgisi mo‘ldir” (Zabur 102:8). Xudo inoyatlidir, U Muqaddas Kitobdagi xato qilgan barcha qahramonlariga nisbatan inoyatlidir. Va U bugungi kunda ham adashayotganlarga inoyat ko‘rsatmoqda.

Mana nima uchun rahmdil bo‘lish – yaxshi. Ko‘rayapsanmi, sen uchun (boshqa har qanday kishi uchun ham) atrofidagilarga rahmdil bo‘lish yaxshi, negaki Xudo rahmdil va inoyatlidir. Uning tabiati va fe’l-atvori – shafqatlidir, negaki rahm-shafqat yaxshi; Xudoga nimaiki monand bo‘lsa, – yaxshi, Xudo hech qanday noto‘g‘ri ish qilmaydi.

MULOHAZA QILGIN: Muqaddas Kitobdan bugun o‘qiladigan oyatlarda Xudoning tabiati va fe’l-atvori haqida nimalar deyilgan? Zabur kitobining 102-bobini kim yozgan? Nima deb o‘ylaysan, Dovud Xudoning rahmdil ekanini qayoqdan bildi? Sen buni qayerdan bilasan? Mehribonlik yaxshi ekanligini qayoqdan bilasan? Sen atrofingdagilarga nisbatan yanada mehr-shafqatli bo‘lishing mumkinmi? Agar shunday bo‘lsa, qanday qilib?

IBODAT: “Rabbim Ota, Sen mehribon va sabr-bardoshlisan, Sen sevgiga to‘liqsan. Sen menga nisbatan ko‘p narsalarda mehribon bo‘lding, ayniqsa _______________ (ayniqsa, Xudo senga nisbatan mehribon bo‘lgan vaziyatlarni yodingga ol). Rahmdil bo‘lish yaxshi ekanligini nafaqat yodda tutishim, balki atrofdagilarga rahm-shafqatli bo‘lishim uchun ham yordam ber”.

 

 

17 DEKABR. ZARARLI ODATLAR HAQIDA

Kalomdan o‘qish: Ibtido 25:29-34

Xudoning sevimli farzandlari ekansiz, endi Xudodan o‘rnak olinglar (Efesliklar 5:1).

 

SENDA ZARARLI ODATLAR BORMI? Quyida keltirilgan ro‘yxatni o‘qigin. Ehtimol, sen –

□  qo‘llaringdagi tirnoqlarni tishlarsan?

□  oyoqlaringdagi tirnoqlarni tishlarsan?

□  mixlarni tishlarsan?

□  boshqalar gapirayotganida so‘zini bo‘lib qo‘yarsan?

□  boshqalarning sochidan tortarsan?

□  tishlaringni g‘ijirlatarsan?

□  odamlarni haqorat qilarsan?

□  “rahmat” va “marhamat” so‘zlarini aytishni unutarsan?

□  o‘zingni boshqara olmassan?

□  hammasini keyinga surasanmi?

□  ko‘p ovqatlanasanmi?

□  kam ovqatlanasanmi?

□  televizorni ko‘p ko‘rasanmi?

□  burningni chuqilaysanmi?

□  boshqalarning burnini chuqilaysanmi?

□  sigareta chekasanmi?

□  trubka chekasanmi?

□  tashlandiq tamaki chekasanmi?

□  g‘iybat qilasanmi?

□  yana nimalardir qilasanmi? ________________________________

Ehtimol, sen bu ro‘yxatda hech nimani qayd etmagandirsan. Balki, barcha bandlarni qayd etgandirsan! Har qanday holatda ham, hech bo‘lmasa bitta ahmoqona – yoqimsiz, noxush, bema’ni – odatning senda borligi aniq. Zararli odatlari umuman bo‘lmagan odamning o‘zi yo‘q. Ba’zan bunday odatlar gunohkorona bo‘ladi. Goho shunchaki yoqimsiz. Ba’zan esa – Esov anglaganidek (Muqaddas Kitobdan bugun o‘qiladigan oyatlarda) – ular chindan ham zararli bo‘lib, o‘ta qimmatga tushishi mumkin.

Sening zararli odatlaring qanday bo‘lmasin, sen ularga yopishib olishing kerak emas. Balki bu oson bo‘lmasligi mumkin, ammo ulardan qutulish lozim. Mana nima uchun Xudo biz o‘zimizni boshqarish ustida izlanishimizni istaydi. Uning Kalomi bizga “doim hushyorlik bilan ibodat” (1 Butrus 4:7) qilishni buyuradi.

Xudo bizning Unga o‘xshashimizni istaydi. U hamisha O‘zini va O‘zi yaratgan borliqni boshqaradi. Zararli odatlaring qanchalik chuqur ildiz otgan bo‘lmasin, Xudo ularni yengib o‘tishni istaydi va bunga qodir. U O‘z Ruhi orqali o‘zini boshqarishni o‘rganishingda senga yordam beradi.

MULOHAZA QILGIN: Sen ro‘yxatimizdagi biror zararli odatni qayd etdingmi? O‘zing voz kechmoqchi bo‘lgan uchta zararli odatni qayd etib chiq ___________________________________________. Ulardan birini tanlab, Xudodan bu muammolarni hal etish uchun o‘zingni boshqarishda mahorat va yordam so‘ragin.

IBODAT: “Ota, men zaif ekanligimni Sen bilasan. Biroq Sen kuchlisan. Iltimos, O‘z Qudrating ila mening zararli odatimni ________________ yengib o‘tishimga yordam ber”.

 

 

18 DEKABR. BESHOVLONNI QUTQARISH

Kalomdan o‘qish: Matto 7:24-27 

Kim Mening bu so‘zlarimni eshitib, ularga amal qilsa, uyini tosh ustiga qurgan dono odamga o‘xshaydi (Matto 7:24).

 

AYRIM ODAMLAR Xudoning amrlarini tushunmaganliklari uchun ham ularni bajarishmaydi.

“Men uchun buning hech qanday ma’nosi yo‘q”, – deb aytishlari mumkin.

“Bu amrlar menga noma’lumligi uchun bajarmay qolsam, Xudo meni ayblashi mumkin emas, shunday emasmi? – deb so‘rashlari mumkin.

“Men Muqaddas Kitobning faqat o‘zim ma’qullaydigan amrlarga amal qilaman” – degan qarorga kelishlari mumkin.

Ammo bunday fikrlar xavfli ekanligini quyida bayon etiladigan hayotiy bir voqea ham ko‘rsatib turadi.

Kunlardan birida britaniyalik beshta dengizchi kichik kemada o‘z ortidan katta kemani temir sim bilan tarang tortib, suzib borishardi. Dengiz notinch edi.

To‘satdan paluba ustida turgan dengizchilar kapitanning shamol va to‘lqinlar guvillashini bosib ketgudek qichqirig‘ini eshitishibdi:

– Yotinglar!

Ular shu zahoti palubaga yotib olishibdi va bir necha soniyadan keyin ularning boshi uzra havoda temir simning uzilgandagi hushtaksimon tovushi yangrabdi. Kapitan temir sim uzilganini ko‘rib, beshta dengizchining hayotini qutqaradigan buyruq beribdi. Kim agar shu tobda uzilgan temir simning yo‘lida uchrab qolsa, bir lahzadayoq o‘lishi aniq edi.

Beshta dengizchi buyruqqa so‘zsiz bo‘ysunganlari uchun tirik qolishibdi. Agar ular kapitan nega bunday buyruqni berganligi haqida o‘ylab o‘tirishganida, halok bo‘lishlari turgan gap edi. Agar ular kapitanning donoligiga shubha qilishganida, o‘lib ketishlari turgan gap edi. Agar ular, buyruqqa bo‘ysunish o‘zlari uchun ma’noga egami, yo‘qmi deb o‘ylab o‘tirganlarida edi, halok bo‘lishardi. Faqat bir lahzaning o‘zidayoq buyruqqa bo‘ysunish ularni qutqarib qoldi.

Iso shunday degan: “Kimki Mening so‘zlarimni eshitib, ularga amal qilsa, uyini tosh ustiga qurgan dono odamga o‘xshaydi” (Matto 7:24). Biz Xudoning barcha amrlarini tushunmasligimiz mumkin. Biz bu amrlar bizni aynan qanday himoya qilayotganini bilmasligimiz mumkin. Ammo biz bu amrlarni tinglab, ularga bo‘ysunganimizda, donolarcha ish tutgan bo‘lamiz.

MULOHAZA QILGIN: Muqaddas Kitobdagi bugungi oyatda Iso tasvirlagan uy – ummon yoki ko‘l sohilida emas – balki qumli o‘zanlardan (daryoning qurib qolgan o‘zani “vadi” deb ataladi) birida qurilgan bo‘lib, Iso shunday joyda yashagan. Bunday joyda qurilgan uy qurg‘oqchilik davrida xavfsiz bo‘ladi, lekin yomg‘ir mavsumida quturgan daryoga aylanadigan bu quruq o‘zanda qurilgan uy yuvilib ketadi. Sen Isoning sabog‘ini eshitayotgan kishiga o‘xshaysanmi yoki bu saboqlarga e’tibor bermayotgan odamgami, yoki tinglab, amal qilayotgan insongami? Iso (Muqaddas Kitobdan bugun o‘qiladigan oyatlarga ko‘ra) hech qanday hayotiy bo‘ronlar buzolmaydigan mustahkam va baquvvat asoslarda hayot qurishing haqida nimalar deydi?

IBODAT: “Xudoyim, men Sening saboqlaringni tinglab, amal qiladigan inson bo‘lmoqchiman. Sening Kalomingni o‘qigan va har kuni ibodat qilgan holda kuchli bo‘lishimga yordam ber”.

 

 

19 DEKABR. SABR-TOQAT SINOVI

Kalomdan o‘qish: 1 Timo‘tiy 1:15-17

Ammo Iso Masih menga rahm qildi. Menga o‘xshagan o‘taketgan gunohkorlarga nisbatan U Nihoyatda sabrli ekanini ko‘rsatdi, toki boshqalar ham mendan ibrat olib, Unga ishonsinlar, abadiy hayotga ega bo‘lsinlar (1 Timo‘tiy 1:16).

 

KOSTYA MUSIQA DO‘KONIDAN CHIQQANIDA, hayajondan o‘zini zo‘rg‘a bosib turardi. Nihoyat u allaqachondan buyon orzu qilgan kompakt-diskni sotib oldi!

U ko‘chada o‘rindiqqa o‘tirib, diskning muqovasini yechishga tushdi.

– Qani bo‘laqol! – deb g‘o‘ldiradi u. – Bo‘laqol!

U diskning ustki qismidagi plyonkani ochish uchun bor bilan harakat qilardi.

– Xayriyat! – Kostya yengil tin olib diskni tortdi. Plyonkaning kichkinagina yupqa qismi yulinib chiqdi. Muqova deyarli o‘z holicha qolaverdi.

Kostya tishlarini g‘ijirlatib diskni aylantirdi. U plyonkani tirnoqlari bilan bosib, yirtib tashlash maqsadida tirnalay boshladi. Lekin muqova o‘ta mustahkam bo‘lib chiqdi.

– Bo‘laqol endi! – deb qichqirdi u. U kompaktni tishlari bilan qisib, plyonkani g‘ajib tashlashga urindi. Bu naf bermadi. Shunda u cho‘ntagidan tanga chiqarib, plyonkani u bilan qirishga tushdi. Oxir-oqibat u kompaktni yerga otib, uni oyoqlari bilan ezg‘ilashga tushdi.

Korobka sinib, kompakt tirnalib qoldi va nihoyat plyonka chiqib keldi.

– Men BUNI UDDALADIM! – Kostya shu atrofdan o‘tayotganlarga qichqira boshladi. U xuddi telbadek kulardi. – Men BUNI UDDALADIM! Men UNI OCHDIM! Men G‘OLIB CHIQDIM! Men G‘OLIBMAN! XA-XA-XA!

Ehtimol, sen bilan bu kabi voqea yuz bermagandir. Balki sen kompaktdan plyonkani yechayotganingda umuman asabiylashmassan. Biroq nimadir seni to‘g‘ri holatdan chiqaradi, to‘g‘rimi? Balki, navbat kutayotganingda shunday bo‘lar. Yoki senga yarashmagan kiyim jahlingni chiqarar. Ehtimol, shovqin soladigan do‘stlaring yoki asossiz tergayveradigan ota-onang bunga sababchi bo‘lar.

Sening sabr-bardoshing qanday sinovdan o‘tmasin, yodingda tut, sabr-bardosh – yaxshi fazilat. Ya’ni, bu yaxshi. Agar sen sabrli bo‘lishga qaror qilgan bo‘lsang, bu holda to‘g‘ri qarorga kelibsan.

Ammo sabrli bo‘lishning nimasi yaxshi? Har holda, sen javobni bilsang kerak, to‘g‘rimi? (Ehtiyot bo‘l – sabr-bardosh haqida unutib qo‘yma!)

Sabr-toqat yaxshi, negaki Xudo sabrlidir. Havoriy Pavlus yozganki, Iso Masih “nihoyatda sabrli ekanini ko‘rsatdi” (1 Timo‘tiy 1:16). U sen bilan ham sabr-toqatli. U hech qachon seni tashlab ketmaydi. U hech qachon seni sevish va senga yordam berishini to‘xtatib qo‘ymaydi. Xullas, Xudo sabr-toqatli ekan, sen ham sabrli bo‘lishing kerak, negaki sabr – yaxshi fazilatdir.

MULOHAZA QILGIN: Nima deb o‘ylaysan, Xudo sen bilan sabrlimi? Agar shunday bo‘lmasa, nima uchun? Agar shunday bo‘lsa, qanday qilib? Nima (yoki kim) seni ko‘proq yaxshi holatingdan chiqaradi? Sen qanday qilib yanada sabrli bo‘lishing mumkin?

IBODAT: “Rabbim, men hattoki ________________________________ bo‘lganimda ham Sen menga nisbatan sabrli bo‘lganing uchun Sendan minnatdorman. Bu jabhada Senga ko‘proq o‘xshashim uchun yordam ber. Yanada sabrli bo‘lishimga yordam ber, ayniqsa ______________________________________”.

 

 

20 DEKABR. BARCHA SIRLAR OSHKOR BO‘LADI

Kalomdan o‘qish: Ibtido 4:1-12

O‘z gunohlarini yashirgan yutuqqa erishmaydi, ularni tan olib, voz kechgan marhamat topadi (Hikmatlar 28:13).

 

KOLYA KICHKINTOY SONYAGA QARAB TURISHI KERAK EDI, ammo teleko‘rsatuvga shu qadar qiziqib ketdiki, singlisi haqida butunlay unutib qo‘ydi. Ko‘rsatuv tugaganida esa singlisini izlashga tushdi. Qizaloq oshxonada flomasterlar bilan devorga chizib o‘tirgan ekan!

– Yo‘q, faqat bu emas! – deya hayqirdi u Sonyaning qo‘lidan flomasterlarni yulqib olganicha. – Onam va otam bizni o‘ldirishadi!

– Men bunday qilmoqchi emasdim, – hiqilladi qizaloq. Uning lablari titrardi.

– Yig‘lama! – buyurdi Kolya. – Men hammasini to‘g‘rilayman.

U Sonyaning flomasterlarini olib, bu yerdan ketdi. So‘ngra oshxonaga bir chelakda bo‘yoq va mo‘yqalam olib keldi.

– Hozir xatoingni to‘g‘rilaymiz, – dedi u singlisiga. – Onam va otam hech nimani payqashmaydi!

U polga gazetani yozib, qunt bilan flomasterdan qolgan izlarni bo‘yashga tushdi. Biroq u har qanchayin urinmasin, devor bundan-da battar ahvolga kelardi. Baribir bo‘yoq orasidan turfa rangli chiziqlar bilinib turardi. Buning ustiga, yangi bo‘yoq ham avvalgisiga qaraganda to‘q rangli edi.

– Qurisa, yaxshi ko‘rinib qoladi, – dedi u Sonyaga, ammo yaxshi bo‘lmasligini bilib turardi. U o‘z ishiga uzoqdan qarash uchun orqaga tislandi va bo‘yoqli chelakni ag‘darib yubordi. Gazetalar jiqqa nam bo‘lib, bo‘yoq polga ham singidi. Ota-onalari uyga qaytganlarida, oshxona Sonya devorga bir qancha chiziqlar tortganiga nisbatan ancha yomon ko‘rinish olgandi!

Sen ham qachonlardir xato qilib, keyinchalik tan olish va kechirim so‘rash o‘rniga uni yashirishga uringanmisan? Agar shunday bo‘lsa, yolg‘iz emas ekansan. Odam Ato va Momo Havo Adan bog‘ida ta’qiqlangan mevani yeganlarida, shunday yo‘l tutishgandi: ular Xudodan barchasini yashirmoqchi bo‘lishdi. Qobil Hobilni o‘ldirganida shunday qildi. Xudo undan so‘radi:

“Ukang qani?”, Qobil esa shunday javob qildi: “Bilmayman... Nima, men har yerda uning ortidan yurishim kerakmi?”.

Biroq Odam Ato va Momo Havo ham, Qobil ham o‘z gunohlarini yashira olmasdilar. Bunga biz ham ojizmiz. Qachon noto‘g‘ri qaror qilganingda, uni yashirishga uringandan ko‘ra, bu haqda tan olib, kechirim so‘ragan afzal. Buni rad etishga urinma. Buni oqlashga urinma. Shunchaki tavba qilib, keyingi safar yaxshiroq yo‘l tutishga harakat qilgin.

MULOHAZA QILGIN: Agar noo‘rin ish qilsang, o‘zingni odatda qanday tutasan? Nima deb o‘ylaysan, qilmishni rad etish va yashirishga uringandan ko‘ra, barchasiga iqror bo‘lgan yaxshimi? Agar yo‘q deb aytsang, nima uchun? Agar ha deb javob bersang, nega?

IBODAT: “Rabbim, ba’zan menga noto‘g‘ri ishlarimni tan olish og‘ir bo‘lishini bilasan. Iltimos, bundan so‘ng o‘z gunohlarimni yashirishga urinmay, ularni tez “tan olib, voz kechgan” inson bo‘lishimga yordam ber”.

 

 

21 DEKABR. QARIYA JORJ

Kalomdan o‘qish: Sahroda 10:29-32

Egamiz bizga qilgan hamma yaxshiliklarni siz bilan baham ko‘ramiz (Sahroda 10:32).

 

JORJNING UYI YO‘Q EDI. U tez-tez uysizlar boshpanasida tunni o‘tkazardi. Unda kiyimidan boshqa hech nima yo‘q edi: ko‘ylak, shim, tagliklar tushib ketmasligi uchun rezina bog‘langan bir juft boshmoq va ungib ketgan palto. Qishda, ertalab sovuq bo‘lganida, Jorj yaqindagi politsiya mahkamasiga kirib, eski metall stulda o‘tirardi. Har holda, bu yerda issiqroq edi.

Ikkita politsiyachi Keksa Jorj bilan do‘stlashib qolishdi. Ba’zan ular unga qahva uchun ikki dollar berishardi. Ular, yaqindagi restoran egasi Billi, har kuni Keksa Jorjni bepul nonushta bilan ta’minlashini bilib qolishdi.

Politsiyachilar Keksa Jorjni uylariga Mavlud bayrami tushligiga taklif qilmoqchi bo‘ldilar. Unga hatto bir qancha sovg‘alar berishdi, qariya ularni ehtiyotlik bilan ochib qaradi. Kechqurun esa Jorjni mashinada boshpanaga olib borayotlarida, u zobitlardan avval Billining restoraniga kirib o‘tishni so‘radi.

Ular yetib kelganlarida, Jorj barcha sovg‘alarni ehtiyotlik bilan o‘rab chiqdi. U sovg‘alarni olib restoranga kirdi.

– Sen menga hamisha mehribonlik ko‘rsatding, Billi, – dedi u restoran egasiga. – Endi esa men senga mehribonlik qilmoqchiman.

U sovg‘alarni Billining stoli ustiga qo‘ydi:

– Mavlud bayraming muborak bo‘lsin!

Keksa Jorj o‘zining barcha Mavlud sovg‘alarini topshirdi.

Enn Kigenning “Chikago Tribyun” gazetasida chop etilgan ushbu hikoyasi – inson saxovati haqidagi haqiqiy tarixdir. Afsuski, biz o‘zimizni har doim ham Keksa Jorj kabi tutavermaymiz.

Keksa Jorj ikkita saxiy politsiyachidan sovg‘a olib, ularni darhol boshqalar bilan baham ko‘rdi. Biz Xudodan va boshqa odamlardan ko‘plab sovg‘alar olganmiz, ammo atrofdagilarga hamisha ham minnatdorchilik va saxovat ko‘rsatmaymiz.

Saxiylik nima o‘zi? Bu Xudo berganlarini boshqalar bilan baham ko‘rishni bildiradi. Muso o‘zining qaynag‘asi, Midiyonlik Yatro o‘g‘li Xo‘vovga Kalomdan bugun o‘qiladigan oyatlarda mana nimani taklif etadi. “Egamiz bizga qilgan hamma yaxshiliklarni siz bilan baham ko‘ramiz”, – degan u. (Sahroda 10:32). Xudo bizdan mana nimani istaydi – saxiy bo‘lish va U bizga nimaiki yaxshi narsalarni bermasin, barchasini baham ko‘rish.

MULOHAZA QILGIN: Xudo senga sovg‘a qilgan yaxshi narsalarni keltirib chiq:

Pul va boylik

 

Iqtidorlar, qobiliyatlar, marhamatlar

 

 

 

 

 

 

 

 

 

Sen bularni baham ko‘ra olasanmi? Agar yo‘q desang, nima uchun? Agar ha deb javob bersang, qanday qilib?

IBODAT: “Rabbim, menga bergan barcha yaxshi narsalaringni boshqalar bilan baham ko‘rishim haqida eslatgin, ayniqsa __________________________”.

 

 

22 DEKABR. YO‘LBARSDAN EHTIYOT BO‘L!

Kalomdan o‘qish: Efesliklar 5:3-7

Ehtiyot bo‘linglar, o‘zingizni har qanday ochko‘zlikdan saqlanglar. Zero, insonning umri mol-mulkining ko‘pligiga bog‘liq emas (Luqo 12:15).

 

QADIM ZAMONDA o‘rmonda bir qariya o‘g‘li bilan yasharkan. Qo‘shni qishloq ahli bu qariyaning nihoyatda ziqna ekanligini va uyida ko‘p pullarni yashirib qo‘yganligini aytishardi. Hattoki, bu qariya kumush tangalarni oltinga aylantira olishi haqidagi gap-so‘zlar yurardi.

Kunlardan birida qariya o‘tin chopayotganida, o‘rmondan yo‘lbars chiqib kelib, unga tashlandi. U qariyani tishlab tortib ketardi, chol esa bu hayvonning og‘zida xuddi sichqon kabi silkinardi.

O‘g‘li buni ko‘rib, qo‘liga qurol oldi. U yo‘lbarsni nishonga olib, otishga tayyor turardi.

– Shoshma! – deb qichqirdi chol. – Otma! Yaxshilab nishonga ol! Agar sen uning chiroyli terisiga shikast yetkazmay, yo‘lbarsni o‘ldira olsang, biz uni katta pulga sotishimiz mumkin! Yaxshilab nishonga ol, o‘g‘lim, biz foydasiz qolib ketmaylik, tag‘in!

O‘g‘il otasining aytganlarini eshitib nishonga olayotganida, yo‘lbars keksa ziqnani o‘zi bilan tortib o‘rmonga kirib ketibdi. O‘g‘il ortidan yuguribdi, ammo yirtqichni quvib yetolmabdi. U shundan so‘ng otasini boshqa hech qachon ko‘rmabdi.

Bu qadimgi masal ochko‘zlik qanday xavfli ekanligini ko‘rsatadi. Qariya faqat pul va foyda haqida o‘ylagandi – shu bois o‘lib ketdi. Mana nima uchun Iso shunday degan: “O‘zingizni har qanday ochko‘zlikdan saqlanglar. Zero, insonning umri mol-mulkining ko‘pligiga bog‘liq emas” (Luqo 12:15). Ochko‘zlik – bu gunoh, gunoh esa hech qachon baxt va to‘laqonli hayotni bermaydi, u faqat inson umrini xarob qiladi. Demak, ochko‘zlikdan ehtiyot bo‘lib, o‘zingda saxiylikni rivojlantir.

MULOHAZA QILGIN: Muqaddas Kitobdan bugun o‘qiladigan oyatlarga asosan tuzilgan jumlalarni to‘ldirish uchun yashirin so‘zlarning ma’nosini top.

·       Ochko‘z odam Iso Masihning shohligiga aeg bo‘lolmaydi.

·       Ochko‘z odam – bu olamning narsalariga sajda qiladigan tubaprast

·       Bu odamlarning qilayotgan ishlarida shitirok etma*.

IBODAT: “Mehribon Rabbim, mening hayotim va baxtim boylik miqdori bilan o‘lchanmasligini bilaman. Biroq bu haqda unutish va ochko‘zga aylanish oson. Ochko‘z bo‘lish qanday xavfli va yomon ekanligini, saxiy bo‘lish esa qanchalik yaxshi ekanligini menga eslatib tur”.

__________________

*Javoblar: ega, butparast, ishtirok

 

 

23 DEKABR. AMRLARNI BAJARISH

Kalomdan o‘qish: Qonunlar 24:19-22

Yaxshilik qilishni va bir-birimizga yordam    berishni unutmaylik, chunki bunday nazrlar Xudoga manzurdir (Ibroniylar 13:16).

 

XUDO AMRLARINING AYRIMLARI boshqalariga qaraganda ko‘proq mashhur. Misol uchun, hamma ham beshinchi amr haqida biladi: “Ota-onangni hurmat qil”. Va deyarli hamma Xudo “yaqiningni o‘zing kabi sevish lozimligi”ni buyurganini biladi, to‘g‘rimi? Ammo unchalik ham ma’lum bo‘lmagan amrlar ham bor. Quyidagi ro‘yxatga qarab, jumlalardagi noo‘rin so‘zlarni topib, kerakli so‘zlarga almashtirgin. (Bu o‘rinda ko‘chirma so‘z senkerakli so‘zni topishing uchun ishlatilgan.)

·       Men sizlarga bu borada namuna bo‘lib, zaiflarni qanday qo‘llab-quvvatlashimiz kerakligini ko‘rsatdim. Rabbimiz Iso aytgan shu so‘zlarni eslaylik: “Xo‘mraygandan ko‘ra, tabassum qilmoq ko‘proq marhamat keltiradi” (Havoriylar 20:35).

·       Muhtojlikda bo‘lgan Chukotkadagilarga yordam bering (Rimliklar 12:13).

·       Demak, televizorda aytganlaridek... yaxshilik qilaveraylik (Galatiyaliklar 6:10).

·       Ularga buyur, yaxshilik qilsinlar, sutli shokoladlarga boy bo‘lsinlar, saxiy, ochiq qo‘l bo‘lsinlar (1 Timo‘tiy 6:18).

·       Yaxshilik qilishni va savzavotli parhezni unutmaylik, chunki bunday nazrlar Xudoga manzurdir (Ibroniylar 13:16).

·       Agar qoshlarimiz qalin bo‘la turib, muhtojlikda yashayotgan birodarlarimizni ko‘rsak-u, unga yordam bermay yuragimizni tosh qilsak, qanday qilib bizda Xudoning sevgisi joy oladi?! (1 Yuhanno 3:17).

Albatta, Muqaddas Kitobdagi barcha bu oyatlar bizga saxiy bo‘lishimizni amr etganini tushunding, to‘g‘rimi? Ochig‘ini aytganda, bu fikr mashqi ham shuning uchun o‘ylab topilgan: Xudoga saxiylik manzur bo‘ladi.

Ko‘pchilik saxiylik yaxshi, ammo bu majburiyat, emas deya hisoblaydi. Lekin Xudoning Kalomida boshqacha aytilgan. Xudo O‘z Kalomida saxiylik yaxshi, ziqnalik esa noto‘g‘ri ekanligini aytgan. Mana nima uchun U bizga shunga o‘xshash amrlarga bo‘ysunishimizni tez-tez ta’kidlab turadi: “Muhtojlikda bo‘lgan Xudoning azizlariga yordam bering” (Rimliklar 12:13) yoki “Olmoqdan ko‘ra, bermoq ko‘proq marhamat keltiradi” (Havoriylar 20:35).

Oddiy qilib aytganda, agar sen saxiy bo‘lmasang Xudoga itoat etmagan bo‘lasan, negaki U bizga saxiy bo‘lishimizni amr etgan.

MULOHAZA QILGIN: Sen saxiy bo‘lish ko‘nikmasini o‘zlashtirdingmi? Sen boshqalar bilan baham ko‘rasanmi? Sen oilangning boshqa a’zolariga nisbatan saxiymisan? Sen muhtoj bo‘lganlar bilan baham ko‘rishasanmi? Sen o‘zing keyingi paytlarda saxiylik qilgan biror kishini ayta olasanmi? Keyingi bir necha kun va hafta davomida sen saxiylikni qanday namoyon etishing mumkin?

IBODAT: “Ota, iltimos, yaxshilik qilishni va borimni boshqalar bilan baham ko‘rishni unutmasligim uchun yordam ber”.

 

 

24 DEKABR. SEN AQLLI ODAMMISAN?

Kalomdan o‘qish: Matto 2:1-12

So‘ng xazinalar solingan qutichalarni ochib, Unga   oltin, xushbo‘y tutatqilar va mirrani tortiq qildilar (Matto 2:11).

 

EHTIMOL, SEN KO‘P BORA Isoning tug‘ilishi haqidagi voqeani eshitgandirsan. Ammo sen bu voqeani chindan ham yaxshi bilasanmi? Navbatdagi savollarga javob ber, ana shunda biz sening rostdan ham – “dono odam” ekanligingni ko‘ramiz. (Har bir savolga to‘g‘ri keladigan javobni tanlagin.)

1. Isoning oldiga kelgan munajjimlar kim edi?

a) munajjimlar

b) shohlar

v) masxarabozlar

2. Munajjimlar qancha edi?

a) uchta

b) bilmayman

v) bilaman, ammo aytmayman

3. Munajjimlar Isoni Baytlahmda uchratganlarida, U:

    a) otxonada edi

b) oxurda edi

v) uyda edi

4. Munajjimlarning sovg‘alari orasida bor edi:

a) oltin

b) obakidandon

v) mo‘yna

 

Ko‘rayapsanmi, sharqlik donolarning birinchi Mavlud munosabati bilan Iso oldiga tashriflari haqida ko‘plab bahslar yuritiladi. Aksariyat odamlar ularning shoh ekanliklarini aytishadi (ehtimol, uchta shoh haqidagi Mavlud bayrami madhiyasi bois bo‘lsa kerak); lekin har holda ular qandaydir sharq shaharidan bo‘lgan munajjimlar bo‘lishlari mumkin. Ko‘pchilik ularni uch kishi bo‘lgan, deya hisoblashadi, ammo Muqaddas Kitobning o‘zida qancha munajjimlar Isoning oldiga kelishgani aytilmagan. Garchi ko‘pgina otkritkalarda Xudo tug‘ilganida kelgan munajjimlar Isoni oxurda yotgan paytda ko‘rganlari tasvirlangan, bundan ko‘rinib turibdiki, ular Iso, Yusuf va Maryam qandaydir uyga o‘tganlarida Uning oldiga kelishgan (qara Matto 2:11). Albatta, ular sovg‘a tariqasida oltin, xushbo‘y moy (obakidandon emas) va xushbo‘y tutatqi (mo‘yna emas) keltirishdi. Demak, sen chindan ham dono inson bo‘lsang, javoblaring a), b), v) va a) bo‘lishi kerak.

Biroq munajjimlarning Iso oldiga qilgan tashriflari haqidagi voqea – shunchaki vaqtichog‘lik emas. U Mavlud bayrami – olish emas, balki sovg‘a qilish vaqti ekanligini eslatadi. Munajjimlar birinchi Mavlud bayramiga chaqaloq–Masihga saxiy sovg‘alar keltirishdi, ammo gap ularning qimmatbaho oltin, moy va xushbo‘y tutatqi keltirganlarida emas. Ular sovg‘a tariqasida o‘zlarini – hamda sajdalarini olib kelishdi.

Sen har holda, Mavlud arafasida qanday sovg‘alar olishing haqida o‘ylarsan. Lekin bundan ham muhim masala bor: sen o‘zing nima sovg‘a qilasan?

MULOHAZA QILGIN: Mavlud – ajoyib bayram, to‘g‘rimi? Sen ushbu yilda olgan sovg‘alaring haqida o‘ylamaslik qiyin. Ammo Mavlud bayramida boshqalarga qanday sovg‘a qilishing haqida o‘yla. Sen o‘z yaqinlaringga va Isoga ertaga (sovg‘alar bilan, vaqtingni ajratib, iltifot bilan, sajda bilan, munosabatlarda va h.k.z.) qay tariqa saxiylik ko‘rsatishing mumkin?

IBODAT: “Rabbim, Sen saxiylikni qadrlashingni bilaman. Men ushbu Mavlud bayramida nafaqat sovg‘alar qabul qilishni, balki sovg‘a qilishni ham o‘rganmoqchiman. Iltimos, ushbu Mavlud bayramida boshqalarga – va Senga – saxiylik ko‘rsatishim uchun yordam ber”.

 

 

25 DEKABR. ENG YAXSHI MAVLUD SOVG‘ASI

Kalomdan o‘qish: Luqo 2:1-7

Zero, Xudo olamni shunchalik sevdiki, O‘zining yagona O‘g‘lini berdi. Toki Unga ishonganlardan birortasi halok bo‘lmasin, balki abadiy hayotga Ega bo‘lsin (Yuhanno 3:16).

 

MAVLUD SOVG‘ALARIDAN sen olgan eng yaxshisi qaysi bo‘lgan?

Sovg‘alar orasida qo‘g‘irchoq yoki superqahramonning shakli bormidi? Konstruktor yoki yosh shifokor uchun to‘plammi? Kompyuter o‘yinlarimi yoki konki? U qimmatbaho edimi? Yoki qo‘lda yasalganmi? Senga sovg‘aning o‘zi muhim bo‘ldimi yoki uning ortida turgan e’tibormi?

Xo‘sh, o‘zing qilgan sovg‘alardan qaysi biri eng yaxshisi edi?

Sen buni o‘zing qildingmi yoki sotib olish uchun uzoq vaqt pul yig‘ganmiding? Bu o‘sha odamga to‘g‘ri keladigan sovg‘a bo‘lganmidi? Bu sovg‘a o‘zing o‘ylagan qandaydir fikr tufayli o‘ziga xoslik kasb etganmidi? U g‘aroyib bo‘lgani bois sovg‘angni olgan odam juda xursand bo‘lganmi? Yoki boshqa sababga ko‘ra quvonganmidi?

Ishonasanmi yoki yo‘qmi, lekin sen Mavlud bayramida olgan eng yaxshi sovg‘a bu – o‘yinchoq, o‘yin yoki kiyim-boshlar emas. Ko‘p asrlar muqaddam birinchi Mavlud tongida Xudo dunyodagi barcha pullardan qimmat turadigan sovg‘ani senga hadya qilgan. U agar samodagi barcha sayyora va yulduzlarni yulib olib, ostonang tagiga to‘shaganida, bu Uning uchun arzonga tushardi. U senga oltin, kumush va olmoslarni sovg‘a qilganida tejab qolgan bo‘lardi. Ammo U tejamadi. U senga hammasidan eng qimmat tuhfani – Isoni, O‘z O‘g‘lini hadya etdi.

Xudo Mavlud bayramida senga O‘z O‘g‘lini sovg‘a qilganida, shunday demoqchi bo‘lgan: birinchidan, U seni shu darajada sevadiki, bunga e’tiroz bildirolmaysan (1 Yuhanno 4:9); ikkinchidan, U Xudoning qanday saxiy ekanligini ko‘rsatgan. Seni qutqarish uchun U hech nimani ayamaydi. U senga abadiy hayot berish uchun har qanday qurbonlikka tayyor.

Xo‘sh, sen Xudoga qanday ajoyib sovg‘a qilishing mumkin? Unga o‘zingni sovg‘a qil. O‘z sevgingni. O‘z minnatdorligingni. O‘z sajdangni. O‘z sadoqatingni. O‘z hayotingni. Bu – sen tuhfa qilgan eng yaxshi sovg‘ang bo‘ladi.

MULOHAZA QILGIN: Sen Isoning tuhfasini qabul qilganmisan? Iso sening qalbingda yashamoqdami? Agar yo‘q bo‘lsa, nega sevuvchi Xudoning Mavlud bayrami sovg‘asini qabul qilmaslik va Isodan gunohlaringni kechirib, sening Xaloskoring bo‘lishini so‘ramayapsan? Sen quyida keltirilgan oddiygina oyatni o‘qib, buni qilishing mumkin. Agar Isoning sovg‘asini qabul qilgan bo‘lsang, Xudoga ajoyib sovg‘asi uchun minnatdorchilik bildirib, o‘z ibodatingni aytgin.

IBODAT: “Ota, O‘z O‘g‘lingni bu olamda tug‘ilib, yashashi va men uchun o‘lishga yuborganing uchun Sendan minnatdorman. Mening gunohlarim bois Uning xochdagi o‘limi uchun Senga rahmat. Uning o‘limi orqali barcha gunohlarim uchun tovon to‘laganingdan minnatdorman. Men o‘zimni Senga hadya etib, O‘g‘lingni Xaloskor va Xudo sifatida tan olaman. Iltimos, bundan so‘ng hayotimni boshqar, menda yashayotgan Muqaddas Ruh orqali Senga ma’qul bo‘ladigan odamga meni aylantirgin”.

 

 

26 DEKABR. AKA-UKA

Kalomdan o‘qish: Filimo‘n 1:4-6

Ibodatim shuki, birgalikda baham ko‘rayotgan imonimiz sening hayotingda Samara bersin. Iso Masih uchun qilishimiz kerak bo‘lgan yaxshiliklarni chuqurroq tushunishingga olib kelsin (Filimo‘n 1:6).

 

QAChONLARDIR AKA-UKALAR YaShAB O‘TGAN BO‘LIB, ularning fermalari yonma-yon joylashgan ekan. Akasi xotini va bolalari bilan tepalik yonbag‘rida yasharkan. Ukasi bo‘ydoq bo‘lib, boshqa tepalikda joylashgan ekan.

Bir kuni aka-ukalar mo‘l hosil olishibdi. Akasining ombori donga to‘lganida, ukasi haqida o‘ylabdi. “Xudo menga juda mehribon, – deya fikr yuritibdi u. – Nega u meni ukamdan ko‘ra ortiq marhamatlaydi? Mening suyukli xotinim va itoatkor farzandlarim bor, u esa yolg‘iz”. U qorong‘i tushib ukasi uyquga ketganida tepalik orqali o‘tib, bo‘ydoq ukasiga hosildan eltmoqchi bo‘libdi. “U o‘zidagi don ko‘proq bo‘lib qolganini sezmaydi”, – deb o‘ylabdi akasi.

Ayni vaqtda bo‘ydoq ukasi ham uyda o‘z xayollari bilan band bo‘lib o‘tirgan ekan: “Xudo menga juda mehribon. Lekin nega U menga bunchalik marhamat ko‘rsatadi? Akamga ko‘proq don kerak: uning xotin va bola-chaqalari bor, men esa faqat o‘zimga g‘amxo‘rlik qilsam yetadi”. U qorong‘i tushgach, imkor qadar ko‘proq donni akasiga eltmoqchi bo‘libdi.” U o‘zidagi donning ko‘proq bo‘lib qolganini sezmaydi”, – deb o‘ylabdi ukasi.

Shu tariqa, aka-ukalar qorong‘i tushishini kutishibdi. Keyin esa, boshqasining uxlab yotganliginii xayol qilib, ikkalasi ham bir-birlariga tepalik orqali don eltishibdi. Har biri o‘z ishini bajarib, uylariga qaytishibdi. Ertasi kuni esa omborlaridagi don kecha qancha bo‘lsa, bugun ham shunday ekanligini ko‘rib, hayratga tushishibdi!

Bir necha tun shu tarzda takrorlanibdi va ular nihoyat bir-birlariga don tashiyotganlarida tepalikda o‘zaro to‘qnash kelibdilar. Shunda ular nimalar bo‘layotganini tushunishibdi: har biri o‘zi haqida emas, boshqasi haqida o‘ylagandi. Ular yelkalaridan qoplarni tashlab yuborib, quvonch va sevgidan bir-birlarini quchoqlab olishibdi.

MULOHAZA QILGIN: Aka-ukalar voqeasi saxiylik bizning hayotimizga quvonch va marhamat olib kelishini ko‘rsatadimi? Agar aka-ukalar saxiy bo‘lmasdan, o‘z don-dunlariga yopishib olganlarida, nima bo‘lardi? Mana shu voqea asosida hikoya tuzib chiq.

IBODAT: “Rabbim, Sen juda mehribonsan, Sen menga ko‘plab marhamatlar bergansan. Iso Masih nomi bilan qanday yaxshiliklar bo‘lishini tushunishim uchun saxiy bo‘lishimga yordam ber”.

 

 

27 DEKABR. OCHKO‘Z KO‘PPAK

Kalomdan o‘qish: Voiz 5:9-14

Pulga ruju qo‘ygan hech qachon pulga, boylikni yaxshi ko‘rgan esa boylikka to‘ymaydi. Bu ham behudadir (Voiz 5:9).

 

KO‘PPAK QASSOBNING DO‘KONIDAN go‘sht qoldiqlari bor katta suyakni xursand bo‘lib tishlaganicha qochib qoldi.

U o‘ziga och holda qaragan boshqa kuchuklarga g‘irillaganicha, shahar ko‘chalaridan yugurib o‘tdi. Nihoyat u ko‘prikka yetib bordi. O‘sha yerda bir oz dam olish uchun to‘xtab, suvga tikildi.

Ko‘rganidan esa taajjubga tushdi: suvda boshqa ko‘ppak bor edi. U ham suyak tishlab turardi. Ko‘ppak jag‘larini biroz ochdi, ko‘zlari suzildi. Daryodagi ko‘ppak unchalik qo‘rqinchli tuyulmasdi, boz ustiga, undagi suyak kattaroq edi.

Ko‘ppaklar bir necha daqiqa bir-birlariga qarab qolishdi, so‘ngra birinchisi harakat qilishga tushdi. U suyakni tortib olish uchun jag‘ini ochib raqibiga tashlandi – va suvga tushib ketdi, axir, boshqa ko‘ppak bor-yo‘g‘i o‘zining aksi edi! Biroq u o‘z aksidagi suyakni tortib olishga urinib, o‘zidagi suyakdan ham ayrilib qoldi.

Ezopning masali asosida bayon etilgan ushbu voqea ochko‘zlik odatda nima oqibatlarga olib kelishini ko‘rsatadi: hech nimaga. Agar ko‘ppak o‘zidagi suyak bilan qanoatlanib, boshqasiga tashlanmaganida, huzur bilan ovqatlanib uyiga qaytgan bo‘lardi. Ammo u boshqasini egallashga uringanida o‘zidagi suyakdan ham ayrildi, ko‘rgan boshqa suyagi esa bor-yo‘g‘i o‘zidagi suyakning aksi edi.

Ochko‘zlik hech qanday yaxshi natijaga olib bormaydi, negaki ochko‘z odam hech qachon o‘z erishganlariga qanoat hosil qilmaydi. Lekin saxiy odam berganidan ko‘proq oladi, negaki saxiylik sovg‘a olayotgan kishiga nisbatan berayotgan kishini marhamatlaydi. G‘alati tuyuladi, to‘g‘rimi? Lekin aslida bu shunday – olgandan ko‘ra, bergan marhamatga erishadi.

MULOHAZA QILGIN: Muqaddas Kitobdan bugun o‘qiladigan oyatda shunday deyiladi: “Pulga ruju qo‘ygan hech qachon pulga, boylikni yaxshi ko‘rgan esa boylikka to‘ymaydi. Bu ham behudadir” (Voiz 5:9). Nima deb o‘ylaysan, bu to‘g‘rimi? “Yetarli” bo‘lishi uchun qancha pul kerak? Pul masalasida sen saxiymisan yoki ziqna? Buyumlar borasidachi? Vaqt masalasida nima deysan? Maqtovlardachi? Bugun qaysi jabhada saxiyroq bo‘lishingga to‘g‘ri keladi?

IBODAT: “Rabbim, olgandan ko‘ra bergan yaxshiroq ekanligini yodda tutishimga yordam ber, pullarimga, boyliklarimga, vaqtimga va so‘zlarimga nisbatan imonimni namoyon etishimga ko‘maklashgin”.

 

 

28 DEKABR. HIKOYA QILIB BERILMAGAN VOQEA

Kalomdan o‘qish: 2 Korinfliklar 6:14 7:1

Ey azizlarim, Xudo bizga shunday ajoyib va’dalar bergan ekan, badanimizni va ruhimizni bulg‘ovchi har qanday narsadan o‘zimizni poklaylik. Xudodan qo‘rqib yashab, butunlay Xudo uchun ajratilgan ekanligimizni ko‘rsataylik (2 Korinfliklar 7:1).

 

SEMYUEL LOGAN BRENGL “Xaloskorlik Armiyasi”ning targ‘ibchisi bo‘lgan va kitoblar yozgan. Ulardan birida u quyidagi voqeani hikoya qiladi:

“Qanchadir vaqt avval “Xaloskorlik Armiyasi”ning ikkita a’zosi poyezdga yo‘lga chiqishdi. Vagonda odam ko‘p bo‘lib, ular turli joylarda o‘tirishardi. Birovi keksa bir erkak yonida joylashgan bo‘lib, tezda ikkalasi ham ro‘paralarida o‘tirgan janobni ham suhbatga tortishdi:

– Oldimizda ayollar yo‘qmi? Men sizlarga bir voqeani aytib bermoqchiman.

“Xaloskorlik Armiyasi”ning a’zosi shu zahoti javob qildi:

– Janob, men “Xaloskorlik Armiyasi”danman, ayollarga to‘g‘ri kelmaydigan voqealarni eshitishni istamayman.

Keksa erkak uyalib qolgandek bo‘ldi, janob esa hayron qolgandek tuyulardi, shu tariqa iflos bir voqea aytilmay qoldi. Shubhasizki, “Xaloskorlik Armiyasi”dan bo‘lgan kishi katta bir vasvasadan nari bo‘ldi.

“Xaloskorlik Armiyasi”ning a’zosi bildirgan bu javob vagondagi boshqalarni ham hayron qoldirdi. Bu javob Xudoga manzur edi, negaki bu inson to‘g‘ri qaror qildi: u qalb va fikrlar tozaligini tanladi (quloqlar tozaligi haqida ham unutmaslik kerak!).

 Tozalik – bu yaxshi. Bu to‘g‘ri, negaki Xudo bizga pok bo‘lishimizni buyuradi (Ishayo 52:11; Yoqub 4:8). Bu to‘g‘ri, negaki, Xudo poklikni qadrlaydi (Matto 5:8). Bu to‘g‘ri, negaki Xudo pokdir (Yuhanno 3:3).

Xudo bizning fikrlarda toza bo‘lishimizni istaydi. U bizning so‘zlarimizda pokiza bo‘lishimizni xohlaydi. U biz nimaiki eshitmaylik va nimaning ustidan kulmaylik, barchasida pok bo‘lishimizni istaydi. U bizning ovqatlanishimizda pokiza bo‘lishimizni istaydi. U biz nimagaki qaramaylik, o‘shanga munosabatda ham pok bo‘lishimizni istaydi. U bizning har jabhada pok bo‘lishimizni xohlaydi, negaki Uning O‘zi pokdir. Va fikrda, so‘zda va amalda pokiza bo‘lish – bu Unga monand bo‘lmoq demakdir.

MULOHAZA QILGIN: “Ruhimizni bulg‘ovchi har qanday narsadan” (2 Korinfliklar 7:1) o‘zimizni poklashning aniq va muayyan uslublari haqida o‘ylab ko‘r. Quyidagi jumlalarni yakunla:

·       “Men nimaiki o‘ylamay, barchasida pok bo‘lmoqchiman, shu bois _________”.

·       “Men nimaiki gapirmay barchasida pok bo‘lmoqchiman, shu bois _________”.

·       “Men nimaiki eshitmay yoki nimaning ustidan kulmay, barchasida pok bo‘lmoqchiman, shu bois _________”.

·       “Men nimaiki iste’mol qilmay” barchasida pok bo‘lmoqchiman, shu bois _________”.

·       Men nimagaki qaramay, barchasida pok bo‘lmoqchiman, shu bois _________”.

IBODAT: “Rabbim, men Sen kabi pok bo‘lmoqchiman. Iltimos, menga (nopok narsalarga qaramaslik, so‘kinmaslik va h.k.z.) uchun yordam ber. Vujudimni va ruhimni bulg‘aydigan barcha narsadan poklanishimga ko‘maklash”.

 

 

29 DEKABR. ODAMNING ENG YAXSHI DO‘STI

Kalomdan o‘qish: Rimliklar 8:12-18

Ishonchim komilki, hozirgi azob-uqubatlarimiz bizga zohir qilinadigan ulug‘vorlik oldida hech narsa emas (Rimliklar 8:18).

 

NYU-YORK SHAHRINING POLISIYASI o‘rgatilgan itlardan foydalanishadi, ya’ni ular biror joyga politsiyachilar kirishidan avval o‘sha yoqni tekshirib chiqishadi. Itlarga maxsus kameralar o‘rnatilgan, negaki politsiyachilar shu tariqa ichkariga kirmay turib, uy ichidagi jinoyatchilarni ko‘rishlari mumkin.

Lekin ba’zan itlarni o‘ldirishadi. Yaqinda bir politsiyachida g‘oya paydo bo‘ldi. O‘n uchta politsiyachi itlar uchun xuddi odamlarda bo‘lgani kabi, o‘q o‘tmas nimchalar kiydirishdi. Har bir nimcha uch kilogrammdan iborat. Ularda, ehtimol, issiqlab ketishsa kerak, nimchalar og‘ir. Biroq zobitlar to‘rt oyoqli do‘stlarini bu nimchalar qutqarib qolishiga umid qilib, ularga kiygazishadi.

Balki itlar o‘zlaricha o‘ylashar: “Nega men bu og‘irlikni ko‘tarib yurishim kerak? It–do‘stlarimdan hech kim bunday nimcha kiymaydi-ku”.

Balki itlar odamlarga shunday demoqchi bo‘lishar: “Nega bu odamlar hamma vaqt itlar hayotini murakkablashtirishadi? Nega biz o‘z xohlaganimizdek ish tutolmaymiz? Nima uchun bizga bu og‘ir va noqulay narsalarni bog‘lab qo‘yishdi?”

Kim biladi deysiz? Balki, itlar aynan shunday o‘ylashayotgandir. Ammo biz, albatta, bilamiz, o‘q o‘tkazmaydigan nimchalar – foydali buyum bo‘lib, itlar hayotini qutqarishi mumkin. Agar itlar buni tushunganlarida edi, ular, albatta, nimchalar taqib yurishni afzal ko‘rgan bo‘lishardi.

Ba’zan masihiy-bolalar o‘zlarini ana shu itlardek tutishadi. Bu esa (opang bu haqda nima demasin) ularning uvilashlarini yoki sasib yurishlarini anglatmaydi. Bu, Xudoning amrlari bizga ba’zan malol kelishini anglatadi. Biz to‘g‘ri qaror haqida umuman bezovta bo‘lmasak, bizga oson bo‘ladi, deb o‘ylaymiz.

Ammo politsiyachilar o‘z itlariga issiq nimchalarni bejiz ilmaganlaridek, Xudo ham amrlarni bizga tasadifan bermagan. Uning amrlari bizga halaqit berishi emas, bizni himoya qilishi lozim. Ular o‘q o‘tkazmaydigan nimchaga o‘xshaydi: ular yetkazadigan noqulaylikdan ko‘ra foydasi ancha ko‘p (qaragin: Rimliklar 8:17; 2 Korinfliklar 4:17).

Xullas, Xudoning amrlari senga malol keladigandek bo‘lib tuyulsa, yodingda bo‘lsin, ular seni o‘q o‘tkazmaydigan nimcha kabi himoya qiladi. Ular seni nafaqat shikastlanishdan asraydi, balki hayotingni ham qutqarishi mumkin.

MULOHAZA QILGIN: Xudoning amrlari qachondir senga malol keladigandek tuyulganmi? Sen to‘g‘ri qaror haqida mutlaqo o‘ylab ko‘rmaslik afzal bo‘ladi, deya qachonlardir hisoblaganmisan? Nima uchun «ha» va nima uchun «yo‘q»? Muqaddas Kitobdan bugun o‘qiladigan oyatga ko‘ra, agar sen Xudoning amrlarini bajarmasang, gunohkor tabiating seni nimalarga boshlab borgan bo‘lardi? Gunohkor tabiatingdan va uning nopok qilmishlaridan voz kechish senga nimalar beradi? Qanday tanlov senga ma’qulroq ko‘rinadi?

IBODAT: “Ota, ba’zan Sening amrlaringga amal qilishim og‘ir kechadi. Iltimos, bu mashaqqatlarni kelgusidagi marhamatlar bilan taqqoslab bo‘lmasligini yodda tutishimga yordam ber”.

 

 

30 DEKABR. KVISLING BO‘LMA!

Kalomdan o‘qish: Zabur 88:2-9

Ey Parvardigori Olam – Egam,

Kim Senchalik qudratli, ey Egam?!

Sadoqating atrofingni o‘ragan (Zabur 88:9).

 

KVISLING KIM EKANLIGINI BILASANMI? (Bu haqiqatdan so‘z. Biz uni o‘ylab topmadik.)

Agar biror kishi seni “kvisling” deb atasa, xafa bo‘lishing kerak. Bu xuddi kimnidir Yahudo Ishqariyot deb ataganga o‘xshaydi.

Qarangki, Vidkun Kvisling Adolf Gitler Germaniyani boshqara boshlaganida, norvegiyalik siyosatchi bo‘lgan. Natsistlar 1940 yilda Norvegiyaga bostirib kirganlarida, Kvisling nemislar bilan hamkorlik qilgan, nemislar buning evaziga uni 1942 yilda Norvegiyaning bosh vaziri etib tayinlashdi. U o‘z qiroliga va vataniga xiyonat qildi. U nemislar bosqinidan keyin qirolga sodiq qolib, Angliyaga qochgan odamlarni qamoqqa tashlab, o‘ldirdi. Germaniya mag‘lub bo‘lganida esa Kvislingni qo‘lga olishdi, hukm chiqarib qatl etdilar. Shundan buyon “kvisling” so‘zi – “sotqin” so‘zining sinonimidir.

Agar sening isming sotqinning ismi bilan sinonim bo‘lsa, bu senga yoqarmidi? Senga yoqmagan bo‘lardi, to‘g‘rimi? Sen xoin sifatida nom qozonishni xohlamasding, to‘g‘rimi? Seni odamlar sodiq va haqqoniy deb hisoblashlarini istarmiding?

Albatta, xohlagan bo‘larding. Aksariyat odamlar shuni xohlashadi. Hech kim kvisling bo‘lib nom qozonishni istamaydi, negaki do‘stlaringga, oilangga, vataningga yoki Xudoga xiyonat qilish noto‘g‘ri. Biroq nima uchun noto‘g‘ri? Nega barcha Kvislingdan hazar qiladi? Nega Kvisling bo‘lish yomon? Nega do‘stlarga, oilaga, vatanga va Xudoga sodiq bo‘lish yaxshi?

Sadoqat yaxshi, negaki Xudo sadoqatlidir. Sadoqat to‘g‘ri, negaki sadoqatli bo‘lish – Xudoga monand bo‘lish demakdir. Zaburchi shunday yozadi: “Sening sodiq sevgingni, ey Egam, to abad kuylayman, Barcha nasllarga sadoqatingni o‘z og‘zim bilan e’lon qilaman... Sening sodiq sevging to abad mustahkamdir, Sening sadoqating samolarday barqarordir... Sadoqating atrofingni o‘ragan” (Zabur 88:2-3, 9). Mana nima uchun xiyonat yomon: u Xudoning fe’l-atvoriga zid keladi.

Xullas, kvisling bo‘lmagin. O‘z do‘stlaringga, oilangga, vataningga va Xudoga sodiq bo‘l.

MULOHAZA QILGIN: Sodiq bo‘lish nimani anglatadi? Bu va’daga vafo qilishni bildiradimi? Bu hech kimga ko‘z qiri solgani uchun yomon gapirmaslikni anglatadimi? Bu, boshqaga yomon bo‘lmasligi uchun hech narsa qilmaslikni bildiradimi? Yoki yana boshqa narsami? Sadoqat nima ekanligi haqida o‘ylab ko‘r va quyidagi jumlalarni yakunlagin:

·       Do‘stga sodiq bo‘lish, bu demak _________________.

·       Oilaga sodiq bo‘lish, bu demak _________________.

·       Vatanga sodiq bo‘lish, bu demak _________________.

·       Xudoga sodiq bo‘lish, bu demak _________________.

IBODAT: “Rabbim, Sening sadoqating samo kabi abadiy. Iltimos, Senga o‘xshashimga yordam ber. Meni Senga, vatanga, oilamga va do‘stlarimga sadoqatli etgin va shunday bo‘lib qolishimga yordam bergin”.

 

 

31 DEKABR. FOYDALI ORZULAR

Kalomdan o‘qish: Filippiliklar 4:8-9

Endi esa, ey birodarlarim, fikr-zikringiz haqiqiy, sharafli, to‘g‘ri, pok, yoqimli, tahsinga sazovor narsalarda bo‘lsin. Ha, olqishga loyiq, a’lo narsalar haqida fikr yuritinglar (Filippiliklar 4:8).

 

JEYMS TERBER “Uolter Mitti hayotining siri” nomli kitob yozgan. Kitobning bosh qahramoni – doimo orzu qiladigan oddiy bir odam. Uolter Mitti kun bo‘yi o‘zini qahramon sifatida tasavvur qiladi. U eski mashinasini o‘yiq joylardan haydayotganida, o‘zini eng dahshatli bo‘ron ichida qiruvchi samolyotni boshqarib ketayotgandek his qiladi. U kasalxona yaqinidan o‘tayotganida, o‘zini mashhur jarroh sifatida tasavvur etadi.

Balki senda Uolter Mittida bo‘lganidek muammolar yo‘qdir. Albatta, sen sevib qolishni yoki maktabdan barvaqt ketish haqida orzu qilasan. Biroq foydali orzular bor bo‘lib, ular to‘g‘ri qaror qilishingga, so‘ziga amal qiladigan va barqaror inson bo‘lishingga yordam beradi.

Pavlus ilk jamoatlarga yozganida, ana shunday orzularni nazarda tutgan. Havoriy imonlilarni hamisha haqiqiy, olijanob, halol, adolatli va shu kabi narsalarga ishonishga buyurgan. U imonlilarning xayoliga xavfli va halokatli g‘oyalar kirmasligi uchun ezgulik va adolat haqida o‘ylashlarini buyurgan.Agar sen o‘z aqlingni yaxshi fikrlar bilan to‘ldirsang, unda ahmoqona xayollar uchun joy qolmaydi!

Quyida keltirilgan narsalar haqida o‘ylab ko‘rishga nima deysan? Bu borada bir qancha uslublar bor, biz ulardan uchtasini eslab o‘tamiz:

1. Kalomni yod olish. Agar sening fikring Xudoning Kalomi bilan to‘liq bo‘lsa (deylik, sen haftasida bitta oyatdan yodlab borasan), vasvasaga qarshi turib, to‘g‘ri qarorga kelishing mumkin (qara Matto 4:4, 7, 10).

2. “Tinmay” ibodat qilish. Faqat ertalab bir marta ibodat qilish o‘rniga, kun davomida ibodat qilgin, mayli, bu qisqacha ibodatlar bo‘lsin (Rabbim, haqiqatni aytishim uchun yordam ber” yoki” Hozir menga yordam berganing uchun Senga rahmat, Xudoyim”; qaragin: 1 Salonikaliklar 5:17).

3. O‘z fikrlarini boshqarish. Mabodo televizion shouda nojo‘ya gaplarni aytishsa, sen bu shouni tomosha qilmagin. Agar do‘sting yomon ish qilishga undasa, bunday do‘stdan nari yurgin. Seni haqiqiy, pok va adolatli narsalardan chalg‘itishi mumkin bo‘lgan tomosha va joylardan avvalroq ketgin (qaragin: Zabur 100:3)

Bu harakatlar to‘g‘ri qarorga kelishni kafolatlamaydi. Ammo bunday orzular to‘g‘ri qarorga kelishingga – va so‘ziga amal qiladigan inson bo‘lishingga – yordam beradi.

MULOHAZA QILGIN: Agar Kalomni o‘qishni boshlasang, ushbu oyatlardan biridan boshlagin: Yuhanno 3:16; Yuhanno 14:6; Matto 7:7; Yuhanno 1:9 yoki Zabur 118:105. Agar har doim ibodat qilishni istasang, kun davomida o‘zingga bu haqda qanday eslatishing mumkinligi haqida o‘ylagin (misol uchun, barmog‘ingga ip bog‘lab ol). Agar o‘z fikrlaringni boshqarmoqchi bo‘lsang, qanday tomosha va joylardan o‘zingni chetga olishing kerak?

IBODAT: “Rabbim, iltimos, menga haqiqiy, halol, adolatli, pokiza, iltifotli, sharafli, ya’ni yaxshi fazilatlar va maqtovlar haqida o‘ylashimga yordam bergin”.


O‘smirlarning har kungi o‘qishlari uchun (Uzbek tilida kitob) To‘g‘ri qarorlar izlab (Josh Makdauell va Bob Xostetler)
YANVAR - FEVRAL - MART - APREL - MAY - IYUN - IYUL - AVGUST - SENTYABR - OKTYABR - NOYABR - DEKABR



Shu bobni eshitish:


AUDIOKITOB ►
butun kitobni tinglang

Kitoblar

Qaysi kitoblarni tinglashni istaysiz?
Qaysi kitoblarni tinglashni istaysiz?

docs.google.com/forms

Xush kelibsiz!

Яхши аудио Китоблар
Audiokitoblar Uzbek tilida


Kinolar va Multiklar
Kinolar Uzbek tilida


Audiokitob - Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd
Audiokitob Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd


Аудио Кутубхона
Audiokitob Uzbek tilida

Telegram bot: @audio_kito_bot
Kanal: @kitoblar_elektron_uz



Sharhlar

...ҳар куни — байрамнинг биринчи кунидан охирги кунигача Худонинг Таврот китобидан ўқиб берди...

...kunidan oxirgi kunigacha Xudoning Tavrot kitobidan o‘qib berdi...
Naximiyo 8:18



Yaxshi audio kitoblarni yuklab oling uzbek tilidagi

Фарзандингиз учун қай тариқа чўпон бўлиш мумкин? (Тед Трипп)    Энага яна ёрдамга шошади (Мишель Лароу)    Сандон устида (Макс Лукадо)  Гувохлик ва биография (Николай Бойко Ерофеевич)    Турмуш ўртоғингиз нотўғри ёъл тутганда, Сиз тоғри ёъл тудинг (Лесли Верник)    Матонат соҳиби (Джош Макдауелл)    Бахтли оила (Абдулла Рашидов)    Zamonamiz durdonasi (Nikolay Boyko)    Худди Исо Каби (Макс Лукадо)    Уни Нажоткор деб аташлари таажжубли эмас (Макс Лукадо)    Дарбадар ўгилнинг қайтиши (Генри Нувен)    Худо жуда яқин келди (Макс Лукадо)    Эски Аҳд аёллари ҳақида вазлар (Чарлз Спержен)    Iso bizning taqdirimiz (Vilgelm Bush)    Сиз осмонда қилолмайдиган иш (Марк Кехилл)    Дарбадар ўғил (Чарлз Спержен)    Ҳомиладорлигим кундалиги (Вера Самарина)    Иброҳимнинг оиласи: парчаланган шажарани шифолаш (Дон Мак-Керри)    Зулматдаги нур (Доктор Джеймс ва Ширли Добсон)    Митти Тиллақўнғиз ва Серқуёш ўтлоқзор аҳолиси (Майя Огородникова)    Подшоҳнинг сири  (Урусла Марк)    Яна қароқчилар қўлидами? (Урусла Марк)    Қароқчиларникидай  эмас (Марк Урусла)    Эътиқод уфқлари (Георгий Винс)    (Биродар Андрей ва Алекс Янсен) Сирли масиҳийлар    Масиҳийлик таълимоти асослари (Роберт Спраул)    Ҳаёт бўронларига бардош беринг (Пол Эстебрукс)    Абадийликка ишонаман (Николай Ерофеевич Бойко)    Ўсмир ибодатининг кучи (Сторми Омартиан) kitob Uzbek tilida    Чегарасиз хает (Ник Вуйчич) kitob Uzbek tilida    Севимли инсоннинг ҳаёти (Генри Нувен) kitob Uzbek tilida    Довюраклар (Макс Лукадо) kitob Uzbek tilida    Бирга қилинган ибодатнинг қудрати (Сторми Омартиан) kitob Uzbek tilida    Хузур халоват амрлари (Джон Макартур) kitob Uzbek tilida    Саботли инсон (Джош Макдауелл) kitob Uzbek tilida    Shijoatkor (Nik Vuychich) kitob Uzbek tilida    Мақсад Сари Йўналтирилган Ҳаёт (Рик Уоррен) kitob Uzbek tilida    Чалғитиш номли душман (Джон Мэйсон) kitob Uzbek tilida    Мафтункор Гўзаллик (Джон ва Стейси Элдридж) kitob Uzbek tilida    Севги ва ҳурмат (Эмерсон Эггерих) kitob Uzbek tilida    Ayollar... (Nensi Demoss) kitob Uzbek tilida    Хакиат асоси (Джон Стотт) kitob Uzbek tilida    ИБОДАТГЎЙ АЁЛНИНГ КУЧИ (СТОРМИ ОМАРТИАН) kitob Uzbek tilida    ТЎҒРИ ҚАРОР (Джош ва Дотти Макдауэлл) kitob Uzbek tilida    Нега? (Филип Янси) kitob Uzbek tilida    Hayotdagi yetakchilik va ijodiy salohiyat (Rik Joyner) kitob Uzbek tilida    Ishayo 53 sharxlar (Mitch Gleyzer) kitob Uzbek tilida    Xudoga qay tarzda manzur bolish mumkin (Robert Charlz Spraul) kitob Uzbek tilida    Mukaddas ruxning siri (Robert Charlz Spraul) kitob Uzbek tilida    Ota-ona ibodatining kuchi (Stormi Omartian) kitob Uzbek tilida    Muhabbat tilsimi (Djosh Makdauell) kitob Uzbek tilida    Xudoning qalbiga mos erkak (Jim Jorj) kitob Uzbek tilida    Enaga yordamga shoshadi (Mishel Larou) kitob Uzbek tilida    Bolaning nazaridagi qahramon (Djosh Makdauell) kitob Uzbek tilida    G‘alamisning xati (Klayv Steyplz Lyuis) kitob Uzbek tilida    Dolzarb Savollarga Javoblar (James Paker) kitob Uzbek tilida    kitob Uzbek tilida    kitob Uzbek tilida    kitob Uzbek tilida    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Bolalar Audiokitob Uzbekcha    Bolalar kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Hamdu Sanolar Uzbekcha    Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musika



Kitobook – Kitoblar, AudioKitoblar: Инжил ва Muqaddas Kitob ва Инжил Каракалпак