To‘g‘ri qarorlar izlab. (Josh Makdauell va Bob Xostetler) 10 bob

JOSH MAKDAUELL va BOB XOSTETLER

TO‘G‘RI QARORLAR IZLAB

O‘smirlarning har kungi o‘qishlari uchun

 366 jozibakor lavhalar

YANVAR - FEVRAL - MART - APREL - MAY - IYUN - IYUL - AVGUST - SENTYABR - OKTYABR - NOYABR - DEKABR

ANNOTASIYA

Mazkur kitob biz har kuni duch keladigan hayotiy muammolarga to‘g‘ri qarorlarni topgan holda, ularni oqilona hal etish uchun Muqaddas Kitobdan qanday foydalanish kerakligini ko‘rsatadi. Siz ega bo‘lgan narsalaringiz uchun o‘zingizda Xudoga minnatdorchilik hissini uyg‘otgan holda imkon qadar ko‘proq ibodat qilish, o‘z harakatlaringizni tahlil qilish, itoatkorlik ruhida ish tutib odamlarga xizmat qilishning imkoniyat va usullarini izlash zarur ekanligini tushunib olasiz.Tugri qarorlar izlab kitob uzb

  

KIRISH. To‘g‘ri qarorlar izlab: har bir kun uchun vazifa

DINOZAVRLAR VA KINOYULDUZLAR.

Teleo‘yin.

Misha aka va Masha singil.

To‘lin oy va uchayotgan kometalar.

Televizion yangiliklar dasturi

“Iyerixon uchun kurash: bir kundan so‘ng”.

Jinlar va shaytonlar; o‘yinlar va hazillar; olimlar va fermerlar; qarg‘a va kanareyka; testlar va savolnomalar va hattoki g‘aroyib kaltakesak Mikatu – siz bularning barchasini ushbu kitobning sahifalaridan topasiz. Josh Makdauellning “O‘smirlar uchun har kungi mutolaa” kitobi bu har bir kunda to‘g‘ri qarorlarni izlash va mulohaza yuritish uchun ozuqadir. Birinchi yanvardan boshlanadigan “Andreyning kurtkasi” nomli maftunkor sayohat toki 31 dekabrdagi “Foydali orzular” nomli mutolaagacha jami 366 jozibakor lavhalarni qamrab oladiki, ular sizni to‘g‘ri qarorlarni nojoizlaridan farqlab olishingizga hamda doimo to‘g‘ri tanlov qilishingizga yordam beradi.

Har kungi mutolaa shu kungi hayotingizda haqiqatni qo‘llashda yordam beradigan Muqaddas Kitobdan qisqa parchalarni, asosiy oyatlarni, bir qancha masala va maslahatlarni, shuningdek, qisqacha ibodatlarni o‘z ichiga oladi. Ammo harqalay hech bir kun boshqasiga o‘xshamaydi. Ayrimlari qisqacha hikoyani taqdim etsa, boshqasi testni tavsiya etadi; nimadir sizni kulishga undashi yoki dilingizni o‘rtashi mumkin; ba’zi hikoyalar o‘ylab topilgan, boshqalari esa haqiqatga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Shu bilan birgalikda, har kungi mutolaa sizni mulohaza yuritishga va “mana shu buzuq va egri nasl orasida Xudoning nuqsonsiz, aybsiz va pok farzandlari bo‘lishingiz”ga undaydi (Filippiliklarga 2:15).


O‘smirlarning har kungi o‘qishlari uchun (Uzbek tilida kitob)
- OKTYABR -

 

1 OKTYABR. XUDONING MARHAMATIDAN SHUBHALANISH

Kalomdan o‘qish: Ibtido 3:1-6     

Ey Egam, to‘g‘ri yurganlardan ne’matingni darig‘ tutmaysan (Zabur 83:12).

 

MUQADDAS KITOBDAN bugungi o‘qishda birinchi gunoh haqida, ilon Momo Havoga nima degani va Momo Havo ilonga nimalar degani haqida hikoya qilinadi. Ammo sen uchun qachonlardir vasvasaga soluvchi va Momo Havo o‘rtasidagi suhbat davomida ularning nima haqda o‘ylaganlari qiziqish uyg‘otganmi? Harholda, ular shunday fikrlagan bo‘lishsa kerak.

– Nahotki? – ilon ayoldan so‘radi. (Ko‘raylik-chi: men hozir uni chalg‘ita boshlayman, u esa Xudoning aytganlariga shubha qila boshlaydi) – Xudo chindan ham bog‘dagi barcha daraxtlarning mevasidan yeyishni ta’qiqlab qo‘ydimi?

– Nimalar deyapsan, albatta, biz barchasidan iste’mol qilishimiz mumkin, – dedi ayol. (Bu ilon mening ustimdan kulyapti; o‘zini go‘yo hammadan ko‘p biladigandek ko‘rsatyapti. Hozir men unga ko‘rsatib qo‘yaman!) – Biz mevasini yeyishimiz mumkin bo‘lmagan yagona daraxt bog‘ning o‘rtasida. (Shoshma, Xudo bizga aynan nima degandi? Hozir men Uning so‘zini eslashga urinayotganimda, bu xuddi qachonlardir aytilgandek tuyuladi.) Xudo bizga uning mevasidan yemasligimiz va unga yaqinlashmasligimiz kerakligini aytgan, aks holda biz o‘lamiz. (Harholda, shunga yaqin gaplar bo‘lgan!)

(A-ha, ayol daraxt haqida shubhalana boshladi!)

– Sizlar o‘lmaysizlar, – shivirladi ilon. (Bir ozgina hasad halaqit bermaydi.) – Xudo bu mevadan yeganlaringizda ko‘zlaringiz ochilishini biladi. (Mana bu to‘g‘ri qaror: Xudo nimanidir undan yashirayotgani haqida ayol o‘ylay boshlasin!) Siz shunchaki Xudoga o‘xshab qolasiz, hammasini – nima yaxshiyu, nima yomonligini bilasiz.

Ayolga bu gaplar ta’sir qildi. (Ehtimol, Xudo mendan nimanidir yashirishga urinayotgandir. Balki U men bundan bahra olishimga xalaqit berish uchun bu haqda buyurgandir!) Meva nihoyatda yangi va mazali tuyular hamda ayolni aqlliroq qilishi kerak edi! Xullas, ayol bu mevadan tatib ko‘rdi.

Ehtimol, hammasi aynan shunday bo‘lgandir, balki bunaqa bo‘lmagandir. Ammo Xudoning marhamatiga bo‘lgan shubha odatda noto‘g‘ri tanlov sari birinchi qadam bo‘ladi.

Odamlar tez-tez o‘zlarini go‘yo Xudo ularning quvonchdan bahra olishlariga xalaqit berish uchun O‘z amrlarini bizga bergandek. Ular faqat Xudoning amrlarini buzibgina, o‘z istaklariga yetishishlari va zavqlanishdan bahramand bo‘lishlari haqida o‘ylashadi. Lekin Muqaddas Kitobda shunday deb yozilgan: “Ey Egam, to‘g‘ri yurganlardan ne’matingni darig‘ tutmaysan” (Zabur 83:12).

Ko‘ryapsanmi, Xudo mehribon. U bizda hammasi yaxshi bo‘lishini istaydi! Buning murakkabligi shundaki, biz odatda Xudo “nimanidir qilishni” yoki “nimanidir qilmaslikni” buyurib, nimadandir bizni mahrum etayotgani haqida o‘ylaymiz. Biroq aslida bunday emas. U to‘g‘ri yo‘ldan yurganlarni yaxshiliklardan mahrum etmaydi. Agar biz haqiqatdan ham shunday deb o‘ylasak, bu holda noto‘g‘ri qarorimiz bizni u qadar vasavasaga solmaydi.

MULOHAZA QILGIN: Xudoning amrlari qachonlardir seni quvonchdan mahrum etish maqsadida tuzilgandek tuyulganmi? Nima deb o‘ylaysan, mabodo sen Zabur 83:12 ga chindan ishonganingda, Xudoga itoat etishing oson bo‘larmidi? Nima uchun «ha» va nima uchun «yo‘q»?

IBODAT: “Rabbim, bilaman, Sen mehribonsan va to‘g‘ri yo‘l tutganlarni O‘z ezguliklaringdan mahrum etmoqchi emasman. Shu daqiqadan boshlab va hamisha Sening marhamatingga ishonishim, noto‘g‘ri ish qilib hech qanday yaxshilikka erisha olmasligim haqida eslab turishim uchun yordam ber”.

 

 

2 OKTYABR. POKIZA VA MUQADDAS HAYOT

Kalomdan o‘qish: Ibroniylar 12:14-17     

Hamma bilan tinch-totuv yashashga harakat qilinglar. Halol hayot kechirishga tirishinglar,  Aks holda, Egamizni ko‘ra olmaysizlar  (Ibroniylar 12:14).

 

Agar sen Iso gunohlaringni kechirishiga va seni tubdan yangi insonga aylantirishiga ishonsang, demak, sen – masihiysan. Bu esa gunohlaring kechirilganini va jannatga tushishingni anglatadi.

Ammo sen hozircha samoda emassan va sinovlarga to‘qnash kelishda davom etaverasan. Sen gunoh qilish vasvasasiga kchraysan. Va ba’zan noto‘g‘ri ishlar qilib qo‘yasan. Bu sen jannatga tushmaysan degani emas, lekin baribir muammo hisoblanadi. Nima qilish kerak? Masihiy bo‘lgan holda, to‘g‘ri va noto‘g‘ri qarorlarga qanday yondashish mumkin? Ko‘raylikchi, quyidagi test senga yordam berarmikan. Bunda qayd etilgan fikrlardan haqiqat yoki yolg‘onni tanlab ol.

1.

Gunoh qilsa bo‘ladi

H

Y

2.

Gunoh qilsa bo‘ladi, agar shundan keyin sen Xudodan kechirim so‘rasang.

H

Y

3.

Masihiy to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri qaror qilishi mumkin; oxir-oqibat buning ahamiyati yo‘q.

H

Y

4.

Masihiy pokiza va begunoh bo‘lib yashay olmaydi

H

Y

5.

To‘g‘ri qaror qabul qilish hayotiy muhim

H

Y

6.

Agar sen o‘zingni masihiy hisoblab, gunoh qilishda davom etsang, haqiqat bilan yasholmaysan

H

Y

7.

Masihiy pokiza va begunoh bo‘lib yashashi mumkin

H

Y

8.

Muqaddas bo‘lmaganlar Xudoni ko‘rmaydilar

H

Y

 

Tugatdingmi? Birinchi to‘rtta fikr yolg‘on: ikkinchi to‘rtlikdagilari esa haqiqat. Ayrim savollarga javob berish anchayin qiyin, to‘g‘rimi? Bu masalalarga hayotda to‘qnash kelish esa yanada qiyinroq.

Muqaddas Kitobdan bugun o‘qiladigan oyatlarda ana shular haqida so‘z yuritiladi. Ibroniylarga maktubda aytilgan: “ Hamma bilan tinch-totuv yashashga harakat qilinglar” (Ibroniylar 12:14). Boshqacha aytganda, to‘g‘ri qaror – muhim masala; sen mabodo o‘zingni masihiy hisoblab, gunoh qilishda davom etsang, haqiqat bilan yasholmaysan (1 Yuhanno 1:6). Shuningdek, ibroniylarga 12:14 aytiladiki, sizlar pokiza bo‘lmay turib “Egamizni ko‘ra olmaysizlar”. Bu esa agar sen masihiy bo‘lsang Xudoning madadi bilan to‘g‘ri qaror qilib, pokiza va begunoh bo‘lib yashashga intilishing lozimligini anglatadi.

Aslida masihiy bo‘lish (hamda Xudoning Muqaddas Ruhiga hayotingni boshqarishiga ijozat berish) – bizni toza va muqaddas hayotga boshlaydigan yagona yo‘ldir. Bu Xudoni ko‘rishning yagona usulidir.

MULOHAZA QILGIN: Sen 1-4 bandlar go‘yoki to‘g‘ridek o‘zingni qachonlardir shunday tutganmisan? Sen shu damdan boshlab qay tarzda pokiza va muqaddas holda yashashga urinmoqchisan? Bunga o‘z kuching bilan erisha olasanmi? Agar yo‘q bo‘lsa, bunga qanday qilib erishishing mumkin? (Ko‘mak uchun yo‘riq: avvalgi satr boshini qayta o‘qib chiq.

IBODAT: “Rabbim, men ba’zan noto‘g‘ri qaror hech qanday ahamiyatsizdek o‘zimni tutaman, ammo to‘g‘ri qaror qilishni istayman. Men pokiza va begunoh bo‘lib yashashni istayman. Men Seni ko‘rmoqchiman. Iltimos, Senga ishonishimga va to‘g‘ri qaror qilishim uchun Sening Muqaddas Ruhing hayotimni boshqarishiga izn berishim uchun yordam ber”.

 

 

 

3 OKTYABR. YANGI SO‘ZNI O‘RGAN

Kalomdan o‘qish: Rimliklar 2:6-8

Sizlar esa, birodarlar, hech qachon yaxshilik qilishdan charchamanglar (2 Salonikaliklar 3:13).

 

KIMDIR SEN BILAN GAPLASHAYOTGANIDA, tushunib bo‘lmaydigan so‘zlarni qo‘llagan holatlar bo‘lganmi? Ehtimol, sen bosh irg‘ab, o‘zingni go‘yo bu so‘zlarni biladigandek tutgandirsan, to‘g‘rimi? Balki do‘stlaring va ota-onangda zo‘r tasavvur qoldirish uchun turli noodatiy so‘zlarni bilishni istarsan?

Sening istaging bajo bo‘ldi. Mana senga shunday so‘zlar ro‘yxati:

Bo‘sa – “o‘pich” so‘zining eskirgan varianti (“Ona, ota, qachon o‘z “bo‘sangizni bas qilasizlar?”)

Qo‘l siltash – qayerdadir bo‘lib qolishdan voz kechish, e’tiborsizlik qilish (“Opam uch kundirki maktabdagi mashg‘ulotlarga qo‘l siltamoqda”)

Meteorizm – agar kimdir haddan ziyod qovurilgan loviyalarni yeb qo‘yganida yuz beradigan holat (“Kim bu mashinada meteorizm uyushtirdi?”)

Panoktikum – mumdan yasalgan shakllar va boshqa antiqiy narsalar muzeyi, g‘ayrioddiy buyumlarni yig‘ish (“Ularning uyi haqiqiy panoktikum!”)

Amplua – muayyan mashg‘ulotlar va majburiyatlar doirasi (Xo‘sh, bilasizlarki, u o‘zining ampluasida!”)

Sen mazkur so‘zlarni qo‘llab, o‘z ko‘nglingni xushlagandek bo‘lasan, to‘g‘rimi?

Darvoqe, yana bitta so‘zni o‘rgana qolaylik:

Sabr-toqat – qiyin vaziyat va charchoqlarga qaramay, qat’iyatli bo‘lish va mustahkam turib nimanidir qilish (Sening sabr-toqatingga qoyilman!”)

Biz qayd etgan so‘zlar orasida, sabr-toqat – eng foydalisi, negaki ushbu fazilat to‘g‘ri qaror qabul qilishga nihoyatda yordam beradi – hattoki bu og‘ir bo‘lganida va sen charchaganingda ham. Mana nima uchun Pavlus Salonika jamoatiga shunday deb yozadi: “Sizlar esa, birodarlar, hech qachon yaxshilik qilishdan charchamanglar” (2 Salonikaliklar 3:12). U bizga qat’iy bo‘lishimizni maslahat bergan, negaki “yaxshi ishda qunt qilib, sharaf, hurmat-ehtirom va mangulikka intilganlarga Xudo abadiy hayot ato qiladi” (Rimliklar 2:7). Qiyin bo‘lganida, yo‘lda davom etavergan afzal.

MULOHAZA QILGIN: Sabr-toqat nima o‘zi? Sen o‘z bardoshing bilan boshqalardan farq qilasanmi yoki tezda taslim bo‘lasanmi? Charchaganingda yoki vaziyat qiyinlashib qolganida barchasidan voz kechish istagi senda bo‘ladimi? “Qanday qilib “umidsizlikka tushmasdan, yaxshilik qilish” mumkin? Nima deb o‘ylaysan, Xudo bizga yordam beradimi? Agar shunday bo‘lsa, qay tariqa?

HARAKAT QIL: Bugungi suhbatlaring davomida sabr-toqat so‘zini hech bo‘lmasa bir marotaba ishlatishga urinib ko‘r.

IBODAT: “Ota, yaxshilik qilish hamisha ham oson kechmaydi. Iltimos, men hattoki charchaganimda yoki taslim bo‘lishga tayyor bo‘lganimda ham sabr-toqatli bo‘lishimga yordam ber”.

 

 

4 OKTYABR. IMONDAGI QAT’IYAT

Kalomdan o‘qish: Havoriylar faoliyati 4:1-20      

Biz insonga emas, Xudoga itoat etishimiz kerak (Havoriylar faoliyati 5:29).

 

SENDA SHUNDAY HOLATLAR bo‘lganmi, ya’ni

·   Xudo haqida aytganing uchun qamoqqa tushganmisan?

·   masihiy bo‘lganing uchun sudya qarshisida turganmisan?

·   Iso haqida odamlar bilan gaplashganing uchun kaltaklanish va dabdala bo‘lish holatiga tushganmisan?

·   o‘likdan tirilgan Iso haqida aytganing uchun tahdidlarga uchraganmisan?

Harqalay, sen bilan bunday holatlar yuz bermagandir? Butrus va Yuhanno bilan esa shunday holatlar yuzaga kelgan.

Butrus va Yuhanno Isoning shogirdlari bo‘lishgandi. Iso o‘lib, tirilgach osmonga ko‘tarilib ketganidan so‘ng, Butrus va Yuhanno nimalar sodir bo‘lganini ayta boshladilar. Ular odamlarga Iso ularning gunohlarini kechirib, kechirim va abadiy hayot berish uchun kelganini aytishardi. Biroq (Butrus va Yuhanno yashagan) Quddusdagi nufuzli odamlarga ularning aytganlari ma’qul emasdi. Shu bois ularni hibsga olib hukm qilishdi. So‘ngra esa hattoki kaltaklab, Iso haqida boshqa gapirmasliklarini buyurishdi.

Mabodo senga kimdir shunday so‘zlarni aytsa nima qilgan bo‘larding: Iso haqida yana bir og‘iz gapirsang, adabingni beraman”? Agar boshqalarga Iso haqida gapirayotganing uchun qamoqqa tashlash xavfi bilan tahdid solishsa – yoki hattoki o‘ldirmoqchi bo‘lishsa – qanday yo‘l tutgan bo‘larding?

Biroq Butrus va Yuhanno avval nima qilgan bo‘lsalar, shu tariqa davom etaverishdi. Ular Iso ta’limotini yoyishda davom etishdi. Ular Iso qay tariqa o‘lib o‘likdan tirilganini hikoya qilib, odamlarga Isoga imon keltirib qay tariqa najot topishlari mumkinligini aytishardi. Boshqalar ularga tahdid qilib, ta’qib etishganida mustahkam turishdi.

Bu biz uchun ulug‘ ibrat. Butrus va Yuhanno o‘z harakatlarini izohlab shunday deyishdi: “Biz insonga emas, Xudoga itoat etishimiz kerak” (Havoriylar 5:29). Biz ham shunday yo‘l tutishimiz lozim. Hattoki do‘stlarimiz bizni xo‘rlab,jig‘imizga tegishsa ham, biz Xudoga itoat etishimiz kerak. Biz hattoki to‘g‘ri yo‘l tutib, o‘zimizni kulgi ostiga qoldirsakda, Xudoga bo‘ysunishimiz kerak. Hattoki to‘g‘ri ishlarimiz bizni – yoki do‘stlarimizni – noxush vaziyatlarga tushirsa ham, biz Xudoga itoat etishimiz lozim. Boshqalar nimaiki demasin yoki nima qilishmasin, Xudoga itoat etishda davom etaverishimiz lozim. Mustahkam turish ana shunday bo‘ladi. Ana shu tarzda qat’iy turish esa to‘g‘ridir.

MULOHAZA QILGIN: Ehtimol, sen Butrus va Yuhanno bo‘lgan vaziyatlarga hech qachon tushmagandirsan, lekin atrofdagilarning bosimiga bo‘ysunish vasvasasi bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Agar shunday bo‘lsa, sen o‘shanda qanday yo‘l tutgansan? Sen siquvlarga qaramasdan, qat’iy turdingmi yoki taslim bo‘lganmisan? Keyingi safar boshqalar seni taslim bo‘lishga (yoki noto‘g‘ri yo‘l tutishga) majburlasalar, nima qilasan?

IBODAT: “Mehribon Xudo, odamlar meni taslim bo‘lishga majburlasalar yoki bosim ostiga tushganimda, Butrus va Yuhannodek bo‘lishim uchun yordam ber”.

 

 

5 OKTYABR. QUDRAT MANBAI

Kalomdan o‘qish: Ishayo 40:27-31

Nahotki bilmaysan? Nahotki eshitmagansan? Egamizning O‘zi abadiy Xudo-ku! Butun olamni U yaratgan-ku! ...U toliqqanga kuch beradi ( Ishayo 40:28-29).

 

MABODO SEN aksariyat odamlarga o‘xshasang, kuniga uch marta ovqatlanasan, to‘g‘rimi? Sen biror marta bu ovqatlarni chaynash uchun qayoqdan kuch olishing mumkinligi haqida o‘ylaganmisan? Bu kuch asosan lotinchasiga orbicularis oris  ataladigan jag‘ mushaklaridan hosil bo‘ladi. Sen bu haqda bilarding, to‘g‘rimi?

Albatta, ba’zan derazani ochishingga to‘g‘ri keladi. Sen buning uchun kuchni qayerdan olasan? Asosan bitseps (elka bilan tirsakni harakatlantiradigan mushak) deb ataladigan qo‘l muskullaridan sen bu kuchni olasan.

Zinapoyadan ko‘tarilganmisan? Buning uchun kuch oyoq muskullaridan hosil bo‘ladi, rectus femoris va biceps femoris.

O‘tirish uchun esa qorin muskullaridan foydalanasan (rectus abdominus), og‘irlikni ko‘tarish uchun – barcha muskullar kuchi talab etiladi (deltasimon, ko‘krak muskullari, bitsepslar).

Bu hayratomuz, to‘g‘rimi? Sen buni uzoq yillardan buyon qilasan, biroq bu kuchning manbai qayerda ekanligi haqida o‘ylab ko‘rmagan bo‘lsang kerak.

Agar sen masihiy bo‘lsang, senda sabr-bardosh kuchi ham bor. Hattoki og‘ir vaziyat bo‘lganida ham, senda to‘g‘ri yo‘l tutish kuchi bor. Hattoki charchaganingda ham borayotgan yo‘lingda davom etish kuchi bor. Hatto barchasidan voz kechishni istaganingda ham, mehnat qilish kuchi bor. Ammo mustahkam turish kuchi sening muskullaringdan hosil bo‘lmaydi – bu kuch faqatgina Xudodan kelib chiqadi.

Ishayo ismli payg‘ambar shunday deb yozgandi: “ Nahotki eshitmagansan? Egamizning O‘zi abadiy Xudo-ku! Butun olamni U yaratgan-ku! U charchamaydi, holdan toymaydi... U toliqqanga kuch beradi, zaifning kuchiga kuch qo‘shadi. Hatto yoshlar charchaydi, holdan toyadi, yigitlar qoqilib yiqiladi. Egamizdan umid qilganlar esa yangidan kuch oladi, burgut singari parvoz qiladi. Ular yugurib charchamaydi, yurib ham hech toliqmaydi” (Ishayo 40:28-31).

Bu haqiqat. Sen holdan toyib, tinka-madoring quriganida, senga kerak bo‘lgan kuch Xudoda topiladi. Agar zaif bo‘lsang, Xudo yo‘lingda davom etishing uchun kuch beradi. Sen charchab, taslim bo‘lishni istab qolganingda, Xudo qat’iy turishing uchun yordam beradi. Undan shunchaki yordam so‘ragin, xolos. Ishon, hatto sen zaif bo‘lganingda ham, U qudratli. Va U nimaiki qilayotgan bo‘lsang, barchasida barqaror turishing uchun senga yordam beradi.

MULOHAZA QILGIN: Muqaddas Kitobdan bugun o‘qilayotgan oyatlarga ko‘ra, kuch qayoqdan hosil bo‘ladi? Senga hozirning o‘zidayoq mustahkam turishingga to‘g‘ri kelyaptimi? (Aytaylik, do‘stingga rad javobini berishing, vasvasaga “yo‘q” deyishing yoki qandaydir ish qilishing kerak – misol uchun, tozalik ishlari.) Xudo bilan gaplashib, Undan yordam so‘ra.

IBODAT: “Rabbim, bilaman, Sen hech qachon charchamaysan va zaiflashmaysan, Sen charchaganlarga va ojizlarga kuch berasan. Iltimos, qat’iyatli bo‘lishim uchun kuchga ega bo‘lishimga yordam ber”

 

 

6 OKTYABR. HECH QACHON TASLIM BO‘LMA

Kalomdan o‘qish: Ibroniylar 12:1-3

Taqdirimizdagi musobaqada sabr-toqat bilan chopaylik (Ibroniylar 12:1).

 

UINSTON CHERCHILL Ikkinchi jahon urushi davrida Buyuk Britaniyaning bosh vaziri bo‘lgan. U ingliz xalqini o‘ta qayg‘uli davrlarda boshqargan. Fransiya 1940 yil IYUNida Germaniyaga taslim bo‘lgach, Angliyaning tanho o‘zi nemislarga qarshilik ko‘rsatishda davom etdi. Nemis aviatsiyasi britaniyaliklarnidan ko‘p bora ustun bo‘lib, doimo bu orolga hujum qilardi. Biroq hattoki mag‘lubiyatdan qutulishning imkoni yo‘qdek tuyulganida ham, Cherchill taslim bo‘lmadi. Oradan besh yil o‘tib Germaniya taslim bo‘ldi va Yevropada yana tinchlik hukm sura boshladi.

1941 yilning 29 OKTYABRida Cherchill ingliz maktabi Xerrouda o‘quvchilar oldida nutq so‘zladi. Binoga sukunat cho‘mgandi. Barcha aytilgan birorta so‘zni ham o‘tkazib yubormaslik uchun diqqat bilan buyuk yo‘lboshchiga qarab qolgandi.

Cherchill mushti bilan minbarga urdi.

– Hech qachon taslim bo‘lmang! – dedi u. – Hech qachon taslim bo‘lmang. Hech qachon, hech qachon, hech qachon, hech qachon – hech narsada, u katta yoki kichik bo‘lmasin, muhim yoki ahamiyatsiz bo‘lmasin – maslak, nomus va sog‘lom fikrdan boshqa hech bir narsaga hech qachon taslim bo‘lmang.

Shundan so‘ng u o‘tirdi. Uning nutqi tugagandi. Ehtimol, bu o‘quvchilar qachondir eshitgan eng qisqa nutq bo‘lgandir – ular boshqa nutqlardan ko‘ra aynan mana shu nutqni xotiralarida saqlab qoldilar.

Bu qisqa va oddiygina nutq Uinston Cherchillning ruhiyatini aks ettirgandi. Ammo u shuningdek, masihiylarga tegishli bo‘lgan Xudoning irodasini ham aks ettiradi.

Ko‘rayapsanmi, Cherchill Xerrou maktabi o‘quvchilariga bu gaplarni aytib ajoyib maslahat berdi: “Hech qachon taslim bo‘lmang”. Lekin Xudo bizga maslahat bermaydi: U amr qiladi! Xudoning Kalomida biz “taqdirimizdagi musobaqada sabr-toqat bilan” (Ibroniylar 12:1) chopishimiz kerakligi aytilgan. U bizga buyuradi: “Hech qachon yaxshilik qilishdan charchamanglar” (2 Salonikaliklar 3:13). U deydi: “Shunday ekan, yaxshilik qilishdan charchamaylik” (Galatiyaliklar 6:9).

Sen ba’zan “yaxshi” bo‘lishdan charchaysanmi? Xudo aytadi: “Hech qachon taslim bo‘lmang!” Keyingi paytlarda shunchalik ko‘p vasvasaga uchradingki, kuchsizlanib, qarshilik ko‘rsatishga holing qolmagandek tuyulyaptimi? Xudo aytadi: “Hech qachon taslim bo‘lma!” Har doimo to‘g‘ri qarorlar qabul qilish joningga tegdimi? Xudo aytadi: “Hech qachon, hech qachon, hech qachon, hech qachon, hech qachon! Hech qachon taslim bo‘lma!”

Xudo bizga qat’iyatli bo‘lishimizni buyuradi. U, biz o‘z ishimizni qat’iy turib bajarishimizni istaydi. U, biz charchab, umidsizlanib qolganimizda, intilishimizni xohlaydi. U bizning to‘g‘ri qarorlar qabul qilishdan hech qachon voz kechmasligimizni istaydi. “Hech qachon taslim bo‘lma! – deydi U. – hech qachon, hech qachon, hech qachon, hech qachon, hech qachon! Hech qachon! Hech qachon taslim bo‘lma!”

MULOHAZA QILGIN: Nima deb o‘ylaysan, agar Uinston Cherchill (va Buyuk Britaniya) Ikkinchi jahon urushi davrida natsistlarga taslim bo‘lishsa, nimalar yuz bergan bo‘lardi? Agar sen taslim bo‘lsang, charchasang yoki senga og‘ir kelganida taslim bo‘lsang, nimalar sodir bo‘lishi mumkin edi? Mabodo sen to‘g‘ri qaror qabul qilishga urinmay qo‘ysang, nima bo‘lishi mumkin?

IBODAT: “Rabbim, bilaman, Sening Kaloming qat’iyatli bo‘lishimni buyuradi. Sen meni matonatli bo‘lishga o‘rgatishingni xohlayman. Bilaman, men charchaganimda yoki umidsizlanganimda ham intilishga o‘rganishimni istaysan. Bilaman, men to‘g‘ri qarorlar qilishdan voz kechishimni istamaysan. Iltimos, “hech qachon, hech qachon, hech qachon, hech qachon, hech qachon taslim bo‘lmaslik” uchun menga yordam ber”.

 

 

7 OKTYABR. QAT’IYATLIK NAMUNASI

Kalomdan o‘qish: Vahiy 2:1-3

Ha, bardoshlisan. Mening nomim uchun ko‘p qiyinchiliklarni boshdan kechirib, holdan toymading (Vahiy 2:3).

 

SEN UNI TELEVIZORDA KO‘RGANSAN.

·   U hamisha sukut saqlaydi.

·   U pushti rang va mayin.

·   Uning quloqlari uzun.

·   Uning qo‘lida baraban va baraban tayoqchalari bor.

·   U harakatlanadi... harakatlanadi... va harakatlanadi.

Albatta, sen buning “Enerdjayzer” batareyalari reklamasidagi quyon – keyingi yillarda ekran orqali sayohat qilib, kutilmagan joylarda paydo bo‘ladigan va hech qachon to‘xtamaydigan o‘yinchoq – ekanligini tushunding.

Bu quyon mashhur bo‘lib ketdi, negaki biz batareyadan kutishimiz mumkin bo‘lgan barcha narsada ibrat ko‘rsatmoqda: uzoq vaqt xizmat qilish, qat’iyat, uzoq bardosh berish.

Odamlar batareyada qadrlaydigan sifatlarni Xudo odamlarda qadrlaydi. Aynan shunday. Xudo qat’iyatni qadrlaydi. U odamlar to‘g‘ri qaror qabul qilishga urinishdan voz kechmagan holda oldinga... oldinga... oldinga borishlarini ajoyib deya hisoblaydi.

Mana nima uchun Xudo bizga matonatli bo‘lishni buyurgan. Mana nima uchun Uning Kalomida shunday deyiladi: “Hech qachon yaxshilik qilishdan charchamanglar” (Salonikaliklar 3:13) va “Shunday ekan, yaxshilik qilishdan charchamaylik. Agar holdan toyib qolmasak, o‘z vaqtida buning hosilini o‘rib olamiz” (Galatiyaliklar 6:9). Mana nima uchun Xudo Efes jamoatini maqtaydi: “Ha, bardoshlisan. Mening nomim uchun ko‘p qiyinchiliklarni boshdan kechirib, holdan toymading” (Vahiy 2:3).

Xudo odamlar matonat ko‘rsatish o‘rniga to‘g‘ri yo‘l tutishdan voz kechib taslim bo‘lganlarida, ulardan umidsizlanadi. Ammo, agar mashaqqatlar odamlarni zo‘r berib urinishga va mehnat qilishga undasa, bu Unga yoqadi. Mashaqqatlar odamlarni qat’iy qilsa, bu Unga maqbul bo‘ladi. Odamlar qanchalik qiyin bo‘lmasin, qanchalik charchashmasin, bu ularning qanchalik vaqtini olmasin qat’iylik bilan ezgulikni tanlab oldinga... oldinga... oldinga boraverishlari Unga manzur bo‘ladi. Negaki Xudo matonatni qadrlaydi.

MULOHAZA QILGIN: Muqaddas Kitobdan bugun o‘qiladigan oyatlardan Xudo matonatni qadrlashi ayon bo‘ladimi? Agar shunday bo‘lsa, aynan nimadan? Nima deb o‘ylaysan, sen sinovlar va qiyinchiliklar qarshisida mustahkam turishing kerakmi? Agar shunday bo‘lsa, sen buni qanday amalga oshirishing mumkin?

HARAKAT QIL: Keyingi safar “Enerdjayzer” reklamasini ko‘rganingda, Xudo matonatni qadrlashini eslagin.

IBODAT: “Mehribon Xudo, men oldinga... oldinga... va oldinga boraverishni, Senga bo‘ysunishga urinishni va to‘g‘ri qaror qilishni xohlayman. Iltimos, qanchalik qiyin bo‘lmasin, qanchalik charchagan bo‘lmay, bu qancha vaqtni olmasin matonatli bo‘lishimga yordam ber”.

 

 

8 OKTYABR. TA’TIL BEKOR QILINADI

Kalomdan o‘qish: Qonunlar 31:1-6

Egangiz Xudoning O‘zi sizlar bilan birga boradi, Sizlarni tashlab ketmaydi, sizlarni tark etmaydi (Qonunlar 31:6).

 

BIR ODAM tush ko‘ribdi: u samoda Xudoning taxti qarshisida turganmish. O‘sha odam qo‘lini ko‘ksiga qovushtirib, Xudoga murojaat qilibdi.

– Rabbim, – debdi u, – boshqa ilojim yo‘q. Ba’zan masihiy bo‘lish juda murakkab bo‘lyapti, holim qolmadi. Bir muddatga ta’til olib, masihiylik hayotidan dam olsam bo‘ladimi?

Xudo bosh irg‘abdi:

– Tushunaman, – debdi U. – Sen ta’tilda bo‘lganingda Men har doimgidek quyoshni ertalab chiqishiga undashimni xohlaysanmi? Men har tongda har bir qushning tomog‘iga qo‘shiqlar joylashtirishda davom etishim kerakmi? Sening yuraging urib turishiga ko‘maklashishimni istaysanmi? Har tongda ko‘zlaringni ochib, hayotning yangi kuni uchun seni uyg‘otishga majbur qilishimni xohlayapsanmi?

Seni nimadir bezovta qilganida, Men sening ibodatlaringni eshitishda davom etishimni istayapsanmi? Sening ruhingni kaftimda tutib, gunohlaringni kechirishim kerakmi? Quyosh kechqurun botib, tungi osmonda oy va yulduzlar paydo bo‘lishini istaysanmi? Sen uxlayotganingda, ko‘zlaring uyqu uchun yumilishiga yordam berishim kerak bo‘ladimi? Yoki men ham ta’tilga ketsammikan?

Odam og‘ir tin olib, bir muddat jim qolibdi.

– Darvoqe... Men, harholda, fikrimni o‘zgartirdim, – debdi u so‘ngra Xudoga. – Ta’tilga chiqmay qo‘ya qolaman.

Ko‘pchiligimiz vaqti-vaqti bilan o‘zimizni shu odamdek his qilamiz. Biz tozalik ishlaridan charchaymiz. Yoki ish faoliyatimizdan charchoq sezamiz. Yoxud to‘g‘ri qaror qilishdan charchaymiz. Biz hattoki masihiy ekanligimizdan charchab qolamiz.

Biroq bunday damlarda Xudo bizga matonatli bo‘lishni buyurganini eslashimiz lozim. Xudo bizni qat’iyatli bo‘lishga buyurganini eslashimiz kerak, negaki Xudo matonatni qadrlaydi. Xudo matonatni qadrlashini tushunishimiz zarur, negaki Xudo matonatni qadrlaydi, negaki Uning O‘zi matonatli, U bizga har dam, har soniya sodiq.

Mana nima uchun barqarorlik yaxshi – negaki Xudoning O‘zi shunday. U hech qachon bizni tashlab ketmaslikni va’da qilgan. Demak, U hamisha biz bilan birga ekan, biz ham qilayotgan ishlarimizda matonatli bo‘lishimiz kerak.

MULOHAZA QILGIN: Nima deb o‘ylaysan, Xudo qachonlardir seni tark etganmi? Nima uchun «ha» va nima uchun «yo‘q»? Nima deb o‘ylaysan, Xudo seni qachonlardir tark etadimi? Nima uchun «ha» va nima uchun «yo‘q»? Xudoning senga sodiqligi haqida o‘ylaganingda nimalarni his qilasan? Bundan xursandmisan? Senga baribirmi? Sen bundan minnatdormisan? Bundan afsuslanasanmi? Xafa bo‘lasanmi? Bu senga umid baxsh etadimi? Yana nimadir bormi?

HARAKAT QIL: Bir varaq qog‘ozga Xudo sen uchun har kuni nimalar qilayotganini yozgin. (Yuqorida qayd etilganlardan boshlashing mumkin.) Ro‘yxatdagilar Xudoning barqarorligini senga eslatib turishi uchun uni stol ustiga qo‘ygin.

IBODAT: “Rabbim, men uchun har kuni nimaiki qilayotgan bo‘lsang, hammasi uchun rahmat. Bilaman, hech qachon meni tashlab ketmaysan. Iltimos, Sen kabi barqaror bo‘lishim uchun yordam ber”.

 

 

9 OKTYABR. BRUKLINDA O‘SGAN DARAXT

Kalomdan o‘qish: Yoqub 162-4, 12     

Ey birodarlarim, turli sinovlarga duchor bo‘lganingizda o‘zingizni baxtli deb bilinglar. Axir, imoningiz sinalganda, sizlar sabr-toqat qilishni o‘rganasizlar. Bu o‘zingizga ham ayon. Har qanday vaziyatda sabr qilishni o‘rganinglar, shunda yetuk, bekamu ko‘st, komil inson bo‘lasizlar (Yoqub 1:2-4).

 

DARAXT Frensi Nolanning hovlisida o‘sgandi. Yozuvchi Betti Smit o‘zining mashhur “Bruklinda o‘sgan daraxt” kitobida shunday deb yozadi:

“Frensi hovlisida o‘sgan daraxtning barglari qarag‘ayga ham, tsikutga ham o‘xshamasdi. Ular aylana bo‘lib o‘sgan butoqlardagi yashil qalamchalardan o‘tkir barglar yozar, bu esa daraxtni ko‘plab ochiq yashil soyabon ko‘rinishiga olib kelardi. Ayrimlar uni Samo Daraxti deb nomlashgandi. Uning urug‘lari qayerga tushmasin, o‘sha yerdan o‘sgan nihollar osmona qadar bo‘y cho‘zardi. Ular plitkalar orasidan ham o‘sib chiqqandi, bu esa beton tagidan qad ko‘targan yagona daraxt edi”.

Bu daraxt g‘amxo‘r qo‘llar bilan yashil bog‘da o‘stirilmagan. Hech kim uni to‘g‘ri o‘sib chiqsin deya qoziqchalarga bog‘lamagan. Ammo u baribir o‘sdi. Uning nozik nihollari beton orasidan yorib bo‘y cho‘zgandi. U kurashdi va quyosh nuriga intildi. U ildizlari bilan yer osti suvlariga intildi. Va hamisha, har doimo samoga intildi. U toki baland ko‘tarilmagunicha kurashda davom etdi.

Bruklinda o‘sgan daraxt – bu qat’iyat nimalar qilishi mumkinligidan dalolat beradi. Daraxt o‘zining o‘sishi uchun kurashdi, bu kurash esa uni mustahkamladi. Kurash sen uchun ham foydali bo‘lishi mumkin. Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: “Ey birodarlarim, turli sinovlarga duchor bo‘lganingizda o‘zingizni baxtli deb bilinglar. Axir, imoningiz sinalganda, sizlar sabr-toqat qilishni o‘rganasizlar. Bu o‘zingizga ham ayon. Har qanday vaziyatda sabr qilishni o‘rganinglar, shunda yetuk, bekamu-ko‘st, komil inson bo‘lasizlar” (Yoqub 1:2-4).

Boshqacha aytganda, barqarorlik seni Bruklindagi daraxtga monand qiladi: kuchli, baland, yetuk, mukammal, to‘laqonli. Agar sen hattoki og‘ir bo‘lganida ham, hatto charchaganingda ham, hattoki hamma senga qarshi turgandek tuyulsa ham barqaror bo‘lishni o‘rgansang, sen yuksakroq, kuchliroq, yanada yetukroq bo‘lasan – sening sabr-qanoating “mutlaqo amalda” bo‘ladi.

MULOHAZA QILGIN: Muqaddas Kitobdan bugun o‘qiladigan oyatlarga ko‘ra, sinov bizga nima beradi? Sabr-toqat sen uchun nimasi bilan foydali? Sening ishonching qachondir sinovlarga uchraganmi? Qay tariqa?

IBODAT: “Samoviy Ota, men ulg‘ayishga urinishim va qachondir” hech qanday kamchiliksiz, har taraflama to‘laqonli mukammal” bo‘lishim uchun, iltimos, meni Bruklindagi daraxtga monand etgin”.  


 

10 OKTYABR. CHEMPIONLIK FE’L-ATVORI

Kalomdan o‘qish: Rimliklar 5:1-5     

Azob-uqubatlarimiz bilan ham faxrlanamiz, chunki azob-uqubatlar sabr-toqat hosil qilishini bilamiz. Sabr-toqat Xudoga ma’qul fe’l-atvorni, bunday fe’l-atvor esa umidni hosil qiladi (Rimliklar 5:3-4).

 

HAR KIMDA QANDAYDIR ISTE’DOD BOR. Balki sen matematikada kuchli emasdirsan, ammo yerda boshing bilan turishni uddalaysan. Yoki tilingni burning uchiga tekkaza olmassan, lekin oilada hammadan yaxshiroq kuylaysan. Aksariyat odamlarda bir qancha iste’dodlar bo‘ladi.

Quyidagi ro‘yxatda keltirilganlaridan sen o‘zing yaxshi uddalay oladiganlaringni qayd etgin:

□  Futbol o‘ynash

□  Spagetti yeyish

□  Kompyuterda o‘ynash

□  Kuylash

□  Yangi do‘stlar topish

□  To‘shakni yig‘ishtirish

□  Odamlar bilan munosabat o‘rnatish

□  Topishmoqlarni bajarish

□  A’lo darajada yozish

□  Chizish

□  O‘qituvchilarni kalaka qalish

□  Musiqa asbobini chalish

□  O‘qish

□  Tinglash

□  Ko‘rsatmalarga amal qilish

□  Yugurish

□  Yodlab qolish

□  Skeytbordda uchish

□  Yomon harakatlardan voz kechish

□  Yaxshilik qilish

Harqalay, sen bitta banddan ko‘pini qayd etding, to‘g‘rimi? Oxirgi ikkitasini (“yomon harakatlardan voz kechish” va “yaxshilik qilish”) qayd etdingmi? Bu ro‘yxatdagi eng muhim bandlar, negaki, agar unisi ham, bunisi ham senda bir tekis kechayotgan bo‘lsa, sen albatta yaxshi inson bo‘lib yetishasan.

To‘g‘ri fe’l-atvor – bu yomonlikka “yo‘q” va yaxshilikka “ha” deb aytishdir. Bilasanmi, odamlar bu fazilatni qanday qilib rivojlantirishadi? Sabr-toqat tufayli.

Ko‘ryapsanmi, Muqaddas Kitobda “azob-uqubatlar sabr-toqat hosil qilishini” bilishimiz, sabr-toqat esa fe’l-atvorni hosil qilishi aytilgan. Boshqacha aytganda, hattoki bu og‘ir bo‘lganida va bu javobing seni noxushlikka duchor qilishini bilganingda ham, yomon harakatlarga “yo‘q” deyishni o‘rganasan. Sen hattoki buni qilishni istamaganingda ham, agar boshqa bolalar ustingdan kulishsa ham, to‘g‘ri harakatlarga “ha” deyishni o‘rganasan. Sen shunday yo‘l tutganingda, hammasini yanada yaxshiroq eplaysan. Sen asta-sekin o‘zingda kuchli fe’l-atvorni rivojlantirasan – sen ezgulik chempioni bo‘lasan!

Mana nima uchun sabr-toqat shunchalik yaxshi; u chempionlik fe’l-atvorini rivojlantiradi. Bu esa har birimiz uchun foydalidir.

MULOHAZA QILGIN: Noto‘g‘ri harakatlarga “yo‘q” deyishing uchun bu borada mashq qilishing kerakmi? To‘g‘ri harakatlarga “ha”deyishga o‘zingni o‘rgatishing zarurmi? Muqaddas Kitob oyatlariga ko‘ra, sen buni qay tariqa amalga oshirishing mumkin?

IBODAT: “Rabbim, bilaman, sabr-toqat – bu yaxshi. Sabrli va ezgulik chempioni bo‘lishimga yordam ber”.


 

11 OKTYABR. TAKRORLASH – SABOQLAR ONASI

Kalomdan o‘qish: Ibroniylar 11:24-27

Go‘yo ko‘rinmas Xudoni ko‘rgandek, tanlagan yo‘lidan qaytmadi (Ibroniylar 11:27).

 

OTA-ONANG maktabga endi borganlarida, ular alifbo asosida o‘qishni o‘rganishgan. Ular bu kabi jumlalarni o‘qishgan: “Onam deraza romini yuvdi”. Qiziq, to‘g‘rimi?

Zamonaviy amerikalik bolalarning bobolari (yoki hattoki bobokalonlari) odatda “Mak-Gaffi darsliklari” deb nomlangan kitoblar to‘plami asosida bilim olishgan. Bu oddiy kitobchalar 1836 va 1857 yillar oralig‘ida nashr etilgan bo‘lib, amerikalik bir qancha avlod bolalarini o‘qitish uchun foydalanilgan.

Bu kitoblar bolalarni o‘qishga o‘rgatibgina qolmay, boshqa muhim saboqlarni ham berishdi. Misol uchun, sabr-toqat – foydali fazilat ekanligini o‘rgatishdi.

·       Yoyma to‘rni tez yig‘ib oladigan baliqchi – baliq tutolmaydi.

·       Kitobni juda tez yopib qo‘yadigan bola – darsni yaxshi o‘zlashtirolmaydi.

·       O‘qiyotganingda shoshilma, sabrli bo‘l.

·       Har kuni bir necha kilometr yuradigan inson – butun yer yuzini aylanib chiqishi mumkin.

Bu oddiygina ko‘rsatmalar sabr-toqat (baliq ovida, o‘qishda yoki sayohatda) muvaffaqiyatga olib borishini ko‘rsatadi. O‘z maqsadiga qat’iy intiladigan inson odatda ertami-kechmi muvaffaqiyatga erishadi. Pianino chalishni o‘rganishga zo‘r berib astoydil kirishsang, buni tobora yaxshiroq qilaverasan. Uy yumushlarini diqqat bilan bajarib, bu haqda yanada ko‘proq narsalarni bilib olasan. Mashq qilishda davom etib, sen yanada kuchliroq bo‘lib boraverasan.

Bir qarorga kelganingda, sabr-toqat ham juda foydali. Agar sen Masihga ishonsang va qaror qilishingda Uning yordam berishiga ijozat etsang, buni tobora yaxshiroq bajaraverasan. Oxir-oqibat, xoh bu pianino chalishni o‘rganish bo‘lsin, xoh to‘g‘ri qaror qabul qilish bo‘lsin takrorlash – saboq olishning onasi ekanligini anglab yetasan.

MULOHAZA QILGIN: Sening ko‘p vaqtingni oladigan biror og‘ir ishni qilishingga to‘g‘ri kelganmi? Bu ishni tugallaganingdan so‘ng o‘zingni qanday his qilgansan? O‘zing uzoq vaqt shug‘ullanib, muvaffaqiyatga erishgan (misol uchun, o‘qish yoki pianino chalishni o‘rganish kabi) biror ishni ayta olasanmi? Bu muvaffaqiyat to‘g‘ri qaroringni amalga oshirishda seni yanada sabr-toqatli bo‘lishingga yordam berdimi? Nima uchun «ha» va nima uchun «yo‘q»?

IBODAT: “Ota, biror ish ayniqsa og‘ir va uzoq vaqtni talab etganida , muvaffaqiyatga erishish juda yoqimli. Sabr-toqatning foydasini his qilishim va tushunishimga yordam ber”.

 

 

12 OKTYABR. BOBO–XUDO

Kalomdan o‘qish: 1 Shohlar 12:1, 14-18, 24

Faqat Egamizdan qo‘rqinglar, Unga butun qalbingiz bilan ishonib xizmatda bo‘linglar. Qarang, U sizlar uchun qanday ajoyib ishlar qilgan (1 Shohlar 12:24).

 

OLTI YOSHLI Kirill Xudoni shunday tasvirladi: “U keksa. U allaqachondan buyon bola emas”.

Uning yetti yoshli opasi Anya aniqlik kiritdi: “Uning yoshi yetmish-etmish ikkida. U butun dunyoning umumiy bobosi. – Anya fikrga botgancha qo‘shimcha qildi: – Faqat U – bobo emas, balki Ota”.

Ko‘pgina bolalar (shuningdek, kattaroq yoshdagilari ham) Xudoni xuddi Kirill va Anya kabi tasavvur qilishadi: keksa, sochi oppoq va soqolli. Ular Xudoni bolalarning boshini siypalab sovg‘a ulashadigan qizil yuzli boboga o‘xshatishadi. Ko‘pchilik bobolarga o‘xshagan bu qariya hech kimni tarbiyalamaydi va jazolamaydi; yo‘q, u bolalarni istirohat bog‘iga olib boradi va ular uchun muzqaymoq sotib oladi.

Xudoni bobo qiyofasida tasavvur qilishlarini mutlaqo tushunsa bo‘ladi. Oxir-oqibat, U azaliy! Qadimgi Ahddagi Doniyorning vahiysida Xudo “Azaliy Nuroniy”deb atalgan, Uning sochlari xuddi oq yung kabi oppoq edi (qaragin: Doniyor 7:9).

Bundan tashqari, U chindan ham sevuvchi va mehribon. Yeremiyo payg‘ambar shunday deb yozgan: “Egamiz qadimda Isroilga zohir bo‘lib, shunday degan edi: “Seni mangu sevgi bilan sevdim, Senga sodiq bo‘lib keldim” (Yeremiyo 31:3).

Lekin Xudo – parvonayu girgitton bo‘ladigan qariya emas. U samolarda to‘n va maxsi kiyib izg‘ib yurmaydi. U oqshomlari yasama jag‘ini chiqarib qo‘ymaydi. U – “O‘lmas, ko‘rinmas, yagona Xudo” (1 Timo‘tiy 1:17).

Bu muhim, negaki biz tushunishimiz kerak: Xudo haddan ziyod sho‘xlik qilgan nevaralarining boshini silab qo‘yadigan boboga o‘xshab, O‘z bolalarining gunohiga ko‘z yummaydi. U ilk odamlarni Adan bog‘idan quvib yubordi, negaki ular gunoh qilishgandi. U to‘fonni yubordi, negaki odamlar gunohkor edi. U Sado‘m va G‘amo‘rani gunohlari uchun vayron qildi. U bizning gunohlarimiz uchun O‘zining yagona O‘g‘lini xochda o‘limga yubordi.

Xudo sevgi va ezgulikka to‘la, lekin U gunohlarimizni oqlamaydi. U gunohga jiddiy yondashuvini bizga ko‘p bora isbotlab bergan.

Demak, Xudo gunohga jiddiy yondashar ekan, biz ham shunday yo‘l tutishimiz lozim. Biz noto‘g‘ri ish qilganimizda U bizning boshimizni silashini kutmasligimiz kerak; yo‘q, biz kechirim va “bundan keyin boshqa gunoh qilmaslik” (Yuhanno 8:11) kerak. Biz Xudoni nafaqat sevishimiz, balki Uni hurmat ham qilishimiz kerak. Zero, “Faqat Egamizdan qo‘rqinglar, Unga butun qalbingiz bilan ishonib xizmatda bo‘linglar. Qarang, U sizlar uchun qanday ajoyib ishlar qilgan” (1 Shohlar 12:24).

MULOHAZA QILGIN: Sen Xudoni qanday tasavvur qilasan? U sen uchun – “bobo”mi? Nima uchun «ha» va nima uchun «yo‘q»? Sen Xudoni sevib, hurmat qilasanmi? Agar shunday bo‘lsa, u holda nima uchun? Xudo sen uchun qanday “buyuk ishlar”ni qilgan?

IBODAT: “Rabbim, Sen – “O‘lmas, ko‘rinmas, yagona Xudo”. Men Seni sevaman, Xudoyim. Men Sendan qo‘rqaman va hurmat qilaman. Toki tirik ekanman, Senga sadoqat bilan xizmat qilmoqchiman”.


 

13 OKTYABR. ISHON VA ITOAT QIL

Kalomdan o‘qish: Zabur 77:1-7

...Bolalari ham umidini bog‘lasin Xudoga,

Xudoning ishlarini unutib qo‘ymay,

Rioya etsin Uning amrlariga (Zabur 77:7).

 

SEN YUGURGANINGCHA SAKRAB, xonadagi divanga o‘zingni uloqtirgan paytlar bo‘lganmi? Shunday bo‘lganmi? Bu divan seni ko‘tara olishini qayoqdan bilarding?

Sen yuz kilometrlab uzoq masofada yashaydigan biror kishi uchun konvertga marka yopishtirib xat jo‘natganmisan? Albatta! Ammo nima uchun sen xat belgilangan manzilga yetib boradi deb o‘ylading?

Sen do‘stingga qo‘ng‘iroq qilib uning kvartirasida kimdir go‘shakni ko‘tarishini kutib turishingga to‘g‘ri kelganmi? Nega sen aynan o‘sha yoqqa qo‘ng‘iroq qilayotganingga ishongansan?

“Qanday bema’ni savollar? – deysan sen. – Bilamanki, divan meni ko‘taradi, negaki unga bir necha bora o‘zimni tashlaganman. Xat ham ko‘zlangan manzilga yetib boradi, negaki ko‘p marotaba o‘sha yoqqa maktub yuborganman. Nega qo‘ng‘irog‘im do‘stimning kvartirasiga bog‘lanmas ekan, albatta, agar ular telefon raqamini o‘zgartirgan bo‘lishmasa?”

Sen mutlaqo haqsan. Sen bunday ishlarni har kuni qilasan. Bilasanki, divan seni ko‘taradi, negaki unda ko‘p bora o‘tirgansan va u hech qachon sinmagan, shunday emasmi? Xat va telefon qo‘ng‘irog‘iga ham bu gaplar taalluqli; sen biror hodisa yuz berishini kutasan, negaki doimo shunday bo‘lgan, to‘g‘rimi? Sen bularga ishonishingni aytishing mumkin?

Demak, sen divan hech qachon sinmagani uchun uning mustahkamligiga ishonsang, unda Xudoga aniq ishonsa bo‘ladi. Divan vaqt o‘tib sinishi mumkin; mana u to‘satdan qulab tushadi – eskiligi tufayli! Xudo esa hech qachon qarimaydi. U aslo o‘zgarmaydi. U hech qachon taslim bo‘lmaydi. U hamisha ishonchga loyiq.

Agar sen Xudoga ishonsang, bu holda Uning amrlariga ham ishonishing mumkin. Xudo nimadir qilishni (yoki nimadir qilmaslikni) aytganida, Unga ishonishing mumkin, Uning amrlari yaxshi bo‘lgani uchun ham yaxshi natija beradi. “Ota-onangni hurmat qil”, –  senga bundan hech bir yomonlik kelib chiqmasligiga ishonganing uchun bu amrga ishonishing mumkin. Xudo, “Yolg‘on gapirma” deb aytganida, bu zararli emasligini, balki haqiqat ekanligini bilganing uchun bu amrga ishonasan.

Biror amrning yaxshi yoki yomon ekanligi haqida o‘ylab o‘tirishingga hojat yo‘q! Shunchaki o‘ylab o‘tirmasdan tavba qil. Mabodo sen Xudoga ishona olsang (sen esa bunga qodirsan), bu holda Uning amrlariga ham ishonishing mumkin.

MULOHAZA QILGIN: Muqaddas Kitobdan bugun o‘qiladigan oyatlarning ma’nosini anglagin va biz Xudoga ishonishimiz mumkin bo‘lgan to‘rtta sababni bandning ochiq qolgan joylariga yozib chiq.

·   bosalaqri        O‘tmishning __________________ 

·   yubuk        Xudoning  __________________ ishlari

·   ratiduq     Xudoning __________________

·   larajoytibo     U qilgan __________________*

IBODAT: “Rabbim, Sening amrlaringga ishonish mumkinligini bilaman, negaki Senga ishonish mumkinligini bilaman. Sening ajoyib mo’jizalaringni eslab turishim va Sening amrlaringni har kuni bajarishim uchun menga yordam ber”.

__________

*Javoblar: saboqlari; buyuk; qudrati; ajoyibotlar


 

14 OKTYABR. CHIKAGOGA YO‘L OLGAN IKKI KALONDIMOG‘

Kalomdan o‘qish: Rimliklar 12:14-16    

Takabburlik qilmay, bechora hamda past tabaqali odamlar bilan do‘st bo‘linglar (Rimliklar 12:16).

 

IKKITA ODAM YO‘LDA mashina to‘xtatishmoqda.

– Sen qayoqqa ketyapsan? – deb so‘raydi birovi.

– Chikagoga, – deb javob qaytaradi boshqasi.

– Men ham o‘sha yoqqa ketyapman!

– Xo‘sh, biz qaysi tarafga borishimiz kerak, bilasanmi?

Birinchi odam shundoqqiqa boshlarining tepasidagi yo‘l belgisini ko‘rsatibdi:

– Belgiga ko‘ra, Chikago u tarafda! – U qo‘li bilan shimol tomonni ko‘rsatibdi.

Ikkinchi kishi belgiga qarab, bosh silkibdi:

– Shunaqaga o‘xshaydi, – u boshqasining yuziga tikilib qarabdi. – Ammo bunga to‘liq ishonchim yo‘q. Ehtimol, u qarama-qarshi tarafdadir? – U qo‘li bilan janub tomonga ishora qilibdi.

Ular bir muddat mashinalar oqimiga qarab qolishibdi. So‘ngra ikkinchi kishi yelkasini qisib, yo‘l xaltasini qattiq tortib bog‘labdi.

– Ba’zan tezda tushunolmay qolasan, to‘g‘rimi?

Va ular yo‘lning mashinalar janubga... Chikagodan qarama-qarshi tarafiga boradigan tomoniga o‘tib olishibdi.

Bu aqlli ish emas, to‘g‘rimi? Ular to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatib turgan belgining naq ostida turishgandi, lekin ular go‘yo qaysi yo‘l to‘g‘ri ekanligini bilmagandek harakat qilishdi.

Albatta, odamlar ayniqsa gap yaxshilik va yomonlikdan birini tanlash haqida ketganida, o‘zlarini doimo shunday tutishadi. Misol uchun, Xudo O‘z Kalomida mutlaqo aniq qilib, mag‘rur va dimog‘dorlar uchun yomon bo‘lishini aytgan; ammo odamlar baribir o‘zlarini go‘yo boshqalardek afzaldek tutishadi.

Biz uchun mag‘rur bo‘lish yaxshi yoki yomon ekanligini aniqlashtirib olishga hojat yo‘q. Rimliklarga maktubning 12-bob, 16-oyatida Xudo (havoriy Pavlus orqali) shunday deydi: “O‘zaro hamfikr bo‘linglar. Takabburlik qilmay, bechora hamda past tabaqali odamlar bilan do‘st bo‘linglar”. Va har ehtimolga qarshi, agar biz bu so‘zlarning ma’nosini tushunmay qolishimizni nazarda tutib, boshqa so‘zlar bilan yana qayd etadi: “O‘zbilarmonlik qilmanglar”. Bu xuddi yo‘l belgisi kabi aniqdir.

MULOHAZA QILGIN: Nima deb o‘ylaysan, “o‘zbilarmonlik qilish” nimani anglatadi? (Mabodo bilmasang, bu haqda ota-onangdan so‘ra). Itoatkor bo‘lishning ma’nosi nima? Mag‘rur bo‘lish yaxshi yoki yomon ekanligi haqida qaror qabul qilishing kerakmi? Nima uchun «ha» va nima uchun «yo‘q»?

HARAKAT QIL: Qattiq qog‘ozdan yo‘l belgisini yasab, unga “o‘zbilarmonlik qilish” deb yozgin va buni o‘chirib tashla (xuddi yo‘l belgilarida qilingani kabi: qizil aylana va burchak shaklida). Bu senga mag‘rurlikka “yo‘q” deb aytish qanchalik muhim ekanligini senga eslatib tursin.

IBODAT: “Mehribon Samoviy Ota, men hikoyada keltirilgan bu ikkala odamga o‘xshashni istamayman. Sening amrlaringni esda tutishim va ularga itoat etishim, mag‘rur bo‘lmasligim uchun, o‘zbilarmonlik qilmaslik va go‘yo men boshqalardan afzal ekanligim haqida o‘ylamasligim uchun menga yordam ber”.

 

 

15 OKTYABR. YETTI MARTA O‘LCHAGIN

Kalomdan o‘qish: Efesliklar 4:1-3

Doimo kamtar va muloyim bo‘linglar, mehr-muhabbat bilan bir-biringizga nisbatan sabr-toqatli bo‘linglar (Efesliklar 4:2).

 

KO‘PCHILIK ODAMLAR MUQADDAS KALOM amrlarini Kalomda uchramaydigan masallar va mashhur bo‘lgan so‘zlar bilan adashtirishadi. Misol uchun, bir tanishim, “Tozalik – sog‘lik garovi” so‘zini Kalomdan olingan deya hisoblaydi. Lekin aslida bunday emas.

Ko‘raylikchi, sen Muqaddas Kitob amlarini farqlay olarmikansan. Muqaddas Kitobda bor deya hisoblaydigan iboralaringni qayd etgin. (Agar bunga ishonching komil bo‘lmasa, “Simfoniya”dan foydalan).

1.       “Bo‘lmoq yoki bo‘lmaslik – mana gap qayerda”.

2.       “O‘zingizni kamtar tutib, bir-biringizga xizmat qilinglar. Zero, “Xudo mag‘rurlarga qarshi chiqadi, kamtarlarga esa inoyat ko‘rsatadi”.

3.       “Agar biror narsa boshqacha bo‘lishi kerak bo‘lsa, aynan o‘shandek bo‘ladi”.

4.       “Biz qo‘rquvning o‘zidan boshqa hech nimadan qo‘rqmaymiz”.

5.       “Mag‘rurlikning ortidan halokat keladi”.

6.       “Takabburlik qilmay, bechora hamda past tabaqali odamlar bilan do‘st bo‘linglar”.

7.       “Muhabbat va ayriliq ikki qadrdon dugonalar kabi doimo birga yurishadi”

8.       “Otdan oldin aravani qo‘yma”.

9.       “Yetti marta o‘lchab, bir marta kes”.

10.    “Takabburlar bilan o‘lja bo‘lishgandan ko‘ra, kamtarin bo‘lib kambag‘allar orasida yashash yaxshiroq”.

Xo‘sh, bu oson ekanmi? Yoki juda murakkabmi? Sen o‘z javoblaringni tekshirib ko‘rdingmi? Ehtimol, sen birinchi jumla – Shekspirning “Gamlet”idagi mashhur iqtibos ekanligini tushungandirsan. Uchinchi raqamli – bu Myorfi qonuni deb aytiladiganlaridan biri. To‘rtinchi raqam – prezident Franklin D.Ruzveltning so‘zi. Yettinchi raqam – bu qo‘shiqdagi so‘zlar. Sakkizinchi va to‘qqizinchi esa – maqollar. Boshqalari (2, 5, 6, 10) – Muqaddas Kitob oyatlari.

Muqaddas Kitobning ushbu ro‘yxatga kirgan oyatlari mag‘rur emas, balki kamtar bo‘lishimiz kerakligini ko‘rsatadi.

Albatta, “etti marta o‘lchab, bir kes” va “aravani otdan oldin qo‘yma” – bu ham dono maslahatlar. Biroq kamtar bo‘lish haqidagi Xudoning amrini bajarish yanada muhimroqdir.

MULOHAZA QILGIN: Sen qachondir o‘zingni boshqalardan afzalroq hisoblab, maqtanganmisan? Sen qachonlardir mag‘rur bo‘lib, o‘zbilarmonlik qilganmisan? Kamtarlik yaxshi, mag‘rurlik esa yomonligini qayoqdan bilasan? Sen Xudoning kamtar bo‘lish kerakligi haqidagi amrini qanday bajarasan a) hech qachonmi? b) ba’zanmi? v) aksariyat hollardami? g) hamishami?

IBODAT: “Rabbim, Sening amrlaringga ko‘ra, men kamtar bo‘lish yaxshi ekanligini bilaman. Amrlaring yaxshilik bilan yomonlikni farqlab olishimga yordam berayotgani uchun Sendan minnatdorman. Sening Ruhing qalbimda yashab menga yaxshilikni tanlashimga yordam berayotgani uchun Senga rahmat aytaman”.

 

 

16 OKTYABR. KAMTARLIK UCHUN MUKOFOT

Kalomdan o‘qish: Ishayo 66:1-2   

Egamiz shunday aytmoqda...  kamtar, mo‘min bo‘lgan odamga, Kalomim oldida titraydiganlarga Men e’tibor bilan qarayman (Ishayo 66:1-2).

 

AMERIKADA HAR YILI TAXMINAN MANA SHU PAYTLARDA beysbol ligasi yakunlanadi va har ikkala liga (“Amerika ligasi” va “Milliy liga”) o‘zlarining eng yaxshi o‘yinchilarini e’lon qilishadi.

MVP (“Eng qimmatli o‘yinchi”) ilk mukofoti 1911 yilda topshirilgan. Avtomobil kompaniyasining egasi Xyu Chelmers, “o‘yin darajasi va xizmatlari bo‘yicha o‘z klubi va liga uchun eng foydali bo‘lgan” o‘yinchiga o‘zining kompaniyasida ishlab chiqarilgan mashinalardan birini sovg‘a qilmoqchi ekanligini e’lon qildi. Beysbol qo‘mitasining ovoz berishidan so‘ng, MVP ilk mukofotlari “Deytroyt Taygers” jamoasidan Tay Kobbiga va “Chikago Kabs”dan Frenk Shultuga topshirildi.

O‘shandan buyon yutuqlar ko‘p bora topshirilgan. O‘yinchilarning ko‘rsatgan xizmatlari turlicha edi. Lekin ular yilning eng qimmatli o‘yinchilariga aylanib qolishdi.

Xudoda ham O‘zining MVP mukofotlari borligini bilasanmi? Kamtarlik uchun. Harholda, kamtarlik – majburiy talablardan biri hisoblanadi. Muqaddas Kitobdan bugun o‘qiladigan oyatda Xudo shunday deydi: “Kamtar, mo‘min bo‘lgan odamga, Kalomim oldida titraydiganlarga Men e’tibor bilan qarayman” (Ishayo 66:2) Boshqacha aytganda, Xudo kamtarlikni qadrlaydi. U kamtarlikni – ajoyib deya hisoblaydi.

Albatta, Xudo “Eng qimmatli o‘yinchi” mukofotini topshirmaydi; U barcha odamlarni qadrlaydi. Ammo Unda “Eng qimmatli qoida” mukofoti bor, kamtarlik qoidasi esa Uning eng sevimli qoidalaridan biridir. Mana nima uchun Xudo bizga kamtar bo‘lishni buyuradi; U kamtarlikni beysboldagi muvaffaqiyatdan ham ortiqroq qadrlaydi.

MULOHAZA QILGIN: Agarda Xudo kamtarlik uchun mukofot berganida, sen uni olishga erisharmiding? Uni olishni istaysanmi? Sen bunday mukofotdan mag‘rurlangan bo‘larmiding? Sen shunday qilsang o‘zingga pand berishingni payqadingmi: o‘z kamtarligi bilan mag‘rurlanish aslida kamtarlik emas, to‘g‘rimi? Nima deb o‘ylaysan, kamtar bo‘lgan yaxshimi yoki mag‘rur? Nega?

IBODAT: “Rabbim, Sen kamtarlikni qadrlashingni bilaman; Sen beozor va ruhan kamtar odamlarni hurmat qilasan. Sen bilan va boshqa odamlar bilan hamisha kamtar bo‘lishim uchun yordam ber”.

 

 

17 OKTYABR. OTDAN TUSH

Kalomdan o‘qish: Ibroniylar 11:24-27  

Mening bo‘yinturug‘imni taqib olinglar, mendan o‘rganinglar. Chunki men yumshoq ko‘ngil va kamtarinman. Shunda sizlarning jonlaringiz orom topadi (Matto 11:29).

 

AMERIKADAGI MUSTAQILLIK URUSHI DAVRIDA askarlarga daryoga ko‘prik solish uchun bir qancha daraxtlarni kesishni buyurishibdi. Bu o‘ta og‘ir bo‘lgan ish juda sekin siljirdi. Askarlar ming‘irlashib ko‘zlaridan yosh oqardi. Shu payt ularning oldiga bir otliq keldi.

U ishlamay, boshqalarga ko‘rsatma berib turgan askarga murojaat qildi.

– Sizga odamlar yetishmayaptimi? – deb so‘radi u.

– Yetishmayapti, – dedi ko‘rsatma berib turgan odam.

– Nega o‘zingiz yordam bermayapsiz? – deya bilmoqchi bo‘ldi otliq.

– Men-a? – taajjublandi askar. – Janob, men kapralman!

– A-ha, – dedi otliq go‘yo bu javobdan hammasini tushungandek. U otdan tushib askarlarga yordam bera boshladi. Daraxtlar kesib bo‘linib, ko‘prik o‘rnatilganida u yana otiga minib kapralga harbiychasiga ishora berdi.

– Keyingi safar biror narsa qilish kerak bo‘lganida odamlaringiz yetishmasa, bosh qo‘mondonni chaqiring, men yana tezda yetib kelaman, – dedi u.

Bu otliq Jorj Vashington edi.

Bu voqea Jorj Vashingtonning qanday buyuk inson bo‘lganligini ko‘rsatadi. U garchi urush paytida general va Amerika barcha qo‘shinlarining bosh qo‘mondoni bo‘lsada, oddiy kapral qilishni istamagan ishni bajarishdan uyalib o‘tirmadi.

Ushbu voqeaga ko‘ra Jorj Vashington qanchalik ulug‘ inson bo‘lgan bo‘lsa, bizning Rabbimiz Iso Masih bundanda buyukdir! Garchi, U Xudo, butun olamning Yaratguvchisi bo‘lsada, O‘zini pastga urib, – biz barchamiz uchun – gunohsiz yashab dahshatli o‘lim topish uchun bu olamga keldi.

Isoning ibrati beozorlik to‘g‘ri va yaxshi ekanligini ko‘rsatadi, negaki Qodir Xudo O‘zini biz uchun pastga urdi. Agar Xudoning O‘zi “yumshoq ko‘ngil va kamtarin” (Matto 11:29) bo‘lsa, biz Uning ibratidan yuvoshlik va muloyimlikni o‘rganishimiz kerak.

MULOHAZA QILGIN: Nima deb o‘ylaysan, o‘sha kapral o‘z oldida general Jorj Vashington bo‘lganini tushunganida, o‘zini qanday his qilgan? Iso, “Mendan o‘rganinglar. Chunki men yumshoq ko‘ngil va kamtarinman”, deganida nimani nazarda tutgan? Sen Isodan bugun yumshoq fe’l va muloyim bo‘lishni qay tariqa o‘rganishing mumkin?

IBODAT: “Iso, mening gunohlarim uchun o‘lish maqsadida odamga aylanib, O‘zingni xo‘rlaganing uchun Senga rahmat. Iltimos, kimniki uchratmay, bugun yuvosh va yumshoq fe’l bo‘lishimga meni o‘rgatgin”.

 

 

18 OKTYABR. G‘OLIBLARNING REAKSIYASI

Kalomdan o‘qish: Qonunlar 8:6-14

Gerdayib ketmanglar. Sizlarni Misrdagi qullikdan olib chiqqan Egangiz Xudoni esingizdan chiqarmanglar (Qonunlar 8:14).

 

NATASHA OLDINGA YUGURIB to‘pni bor kuchi bilan tepdi. U taajjub bilan havoda uchayotgan to‘pning darvozaga kirib ketganiga qarab turdi. U gol urdi! U quvonchdan qiyqirib kulganicha sakrardi. Jamoadosh o‘rtoqlari uni o‘rab olishdi, u baxtiyor bo‘lib o‘zidan faxrlanardi.

Lyosha sahnaga chiqib, direktorning qo‘lidan faxriy yorliqni qabul qildi. U o‘girilib, zalda o‘tirgan ota-onasiga qaradi. Ular Lyoshani olqishlashardi, onasi yig‘lardi. Lyosha mag‘rurlikdan o‘ziga sig‘masdi.

Kichkintoy Jenya mehmonxonaga onasining oldiga yugurib keldida, o‘zi chizgan suratni ko‘rsatdi. Onasi uning qo‘lchalaridan suratni olib maqtab qo‘ydi. Jenya mag‘rurona tabassum qilgan holda o‘z xonasiga qaytib ketdi.

Nima deb o‘ylaysan, Natasha, Lesha va Jenya o‘zlaridan faxrlanganlarida nohaq edilarmi? Ular yomon ish qilishdimi?

Yo‘q. Ularning harakatlari mutlaqo tabiiy va to‘g‘ri. Natasha o‘z harakatlari bilan jamoadosh do‘stlarini xursand qilganidan mamnun edi. Lyosha uchun direktorning qo‘lidan mukofot olib, ota-onasini quvontirganidan yoqimli bo‘lgandi. Kichkintoy Jenya onasi uning “san’at”ini maqtagani uchun quvonchdan qalbi yorishib ketgandi. Ular o‘z yutuqlaridan faxrlanishga haqli edilar.

Ko‘rayapsanmi, gunohkorona mag‘rurlik va o‘z yutuqlariga halol, sog‘lom munosabat o‘rtasida farq bor. G‘alabadan quvonish – gunoh emas, ammo Natasha o‘zini jamoadagi “eng yaxshi o‘yinchi” hisoblab, boshqalarni xafa qilsa, bu gunohkorona mag‘rurlik bo‘lardi. Mukofotdan mag‘rurlanish – gunoh emas, lekin agarda Lyosha o‘zini maktabdagi eng aqlli bola kabi tutganida, bu kalondimog‘lik bo‘lardi. Ota-onalarning maqtovidan quvonish gunoh emas, biroq agarda Jenya doimo qanday yaxshi chizishini aytaversa, bu maqtanchoqlik bo‘lardi.

Farqni sezyapsanmi? Sen kamtar bo‘lgan holda o‘z muvaffaqiyatlaringdan faxrlanishing mumkin. Lekin o‘z yutuqlaringdan faxrlangan holda ham kamtar bo‘lib qolishing mumkin. Ammo mag‘rur, maqtanchoq va kalondimog‘ bo‘lganingda, kamtarlik namoyon etmaysan. Senga yoqqan narsalardan quvongin, lekin dimog‘dor emas, balki muloyim va minnatdor inson bo‘lishga harakat qil.

MULOHAZA QILGIN: Nima deb o‘ylaysan, inson bir vaqtning o‘zida mag‘rur va olijanob bo‘lib qolishi mumkinmi? Nima uchun «ha» va nima uchun «yo‘q»? Nima deb o‘ylaysan, odam muloyim va olijanob bo‘lishi mumkinmi? Nima uchun «ha» va nima uchun «yo‘q»? Sening yaxshi fazilatlaring va yutuqlaring evaziga hosil bo‘ladigan tabiiy mag‘rurlik hamda gunohkorona mag‘rurlik, maqtanchoqlik va dimog‘dorlik o‘rtasida qanday farq bor?

IBODAT: “Samoviy Ota, o‘zimga yoqadigan, yaxshi natija beradigan sog‘lom va imonli munosabatlarni shakllantirishim uchun yordam ber. Iltimos, meni gunohkorona mag‘rurlikdan himoya qil”.

 

 

19 OKTYABR. XITOY DEVORI UNCHALIK HAM BUYUK EMAS

Kalomdan o‘qish: 2 Solnomalar 7:11-14

Mening nomim bilan atalgan xalqim tavba qilib, Menga iltijo qilsa, Menga yuz burib qabih yo‘llaridan qaytsa, Men osmondan turib ularning iltijolarini eshitaman, gunohlarini kechirib, yurtiga shifo beraman (2 Solnomalar 7:14).

 

KOINOTDAN KO‘RISH MUMKIN BO‘LGAN odamzotning yer yuzida yaratgan birgina inshooti bor. Bu inson qo‘li bilan yer yuzida yaratilgan eng uzun qurilish bo‘lib, uzunligi deyarli 6500 kilometrni tashkil etadi. Bu Buyuk Xitoy devoridir.

Buyuk Xitoy devorini Masih tug‘ilmasidan to‘rt yuz yil avval qurishni boshlashgan va bu taxminan ikki ming yil mobaynida davom etgan. Garchi uning ayrim joylari qo‘porilib tushgan bo‘lsada, lekin u Tinch ummoni sohillaridan toki mamlakatning shimoligacha cho‘zilib ketgan. Xitoyliklar bu devorni boshqa xalqlar o‘z yurtlariga hujum qilmasliklari uchun barpo etishgan. Ular hanuzgacha bu bilan nihoyatda faxrlanishadi. Uni sayohatchilarga ko‘rsatishadi. Olimlar zilzila sabablarini o‘rganish uchun bu devordan foydalanishadi.

Biroq, ayrim olimlar, Buyuk devori (Xitoy faxri) mamlakat tarixiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan deb hisoblashadi. U Xitoyni ko‘plab hujumlardan asrab qolgan bo‘lsada, ayni vaqtda ko‘plab ijobiy ta’sirlardan to‘sib qo‘ygan. Asrlar davomida dunyo xalqlariga o‘z ta’sirini ko‘rsatgan kashfiyot va taraqqiyot Xitoyni chetlab o‘tdi. Buyuk xalq orqada qolib ketdi, buning sabablaridan bittasi Buyuk devor yangi g‘oyalarning Xitoyga kirib kelishiga to‘sqinlik qildi.

Mag‘rurlik bilan ham xuddi shunday bo‘ladi. Ayrim kishilar mag‘rurlik go‘yo ularni himoya qiladigandek yoki atrofdagilarga nisbatan nufuzli etadigandek o‘zlarini tutishadi. Lekin mag‘rurlar shu tariqa yo‘l tutib, Xudoning marhamati o‘zlariga kelishiga to‘sqinlik qilishadi. Xudo (va boshqa odamlar)ning ularga yordam berib, marhamat qilishlari yanada og‘irroq bo‘ladi.

Boshqa tarafdan olganda, muloyimlik marhamat uchun yo‘l ochadi. Yumshoqlik Xudoga sen bilan gaplashishiga, senga yordam berishiga va marhamatlashiga yordam beradi. Muloyimlik boshqa odamlarning seni sevib, yoningda bo‘lishlariga ko‘maklashadi. Mag‘rurlik – bu ko‘plab yaxshiliklarni sening hayotingga qo‘ymaydigan devorlir; muloyimlik sening hayotingga ko‘p ezguliklar kirib kelishiga yo‘l ochib beradi.

MULOHAZA QILGIN: Muqaddas Kitobdan bugun o‘qiladigan oyatlarda Xudo O‘z xalqiga xabar bergan to‘rt narsa bor. Xudo ularni kechirishi va yurtlarini marhamatlashi uchun bu odamlar nima qilishlari kerak? Nima deb o‘ylaysan, Xudo kamtarlarni mag‘rurlardan ko‘ra ortiqroq marhamatlaydimi? Nima uchun «ha» va nima uchun «yo‘q»? Xudoning seni kechirishi oson bo‘lishi va bugun seni marhamatlashi uchun nimalar qilishing mumkin?

IBODAT: “Rabbim, Sen menga shunchalik ko‘p marhamat bag‘ishlab, shuncha ko‘p inoyatlar berdingki, men Senga minnatdorchilik bildirishim kerak, misol uchun ........................... Iltimos, Sening yordaming va marhamating uchun ochiq bo‘lib qolishim, mag‘rur emas, balki muloyim bo‘lib qolishim uchun yordam ber”.

 

 

20 OKTYABR. BOBILDAGI YIG‘IN

Kalomdan o‘qish: Ibtido 11:1-9 

Mag‘rurlikning ortidan halokat keladi, takabburlikdan so‘ng esa odam qoqiladi (Hikmatlar 16:18).

 

TASAVVUR QILGIN-A, sen Shinar tekisliklarida bundan minglab yillar avval yashamoqdasan. Sen chodiringda, bir chetda o‘tirib, radio eshityapsan. (Albatta, o‘sha paytda radio bo‘lmagan, lekin bir tasavvur qilib ko‘raylik, maylimi?)

– Xayrli tong, Shinar vodiysi! Biz Bobil minorasi qurilayotgan joydan to‘g‘ridan-to‘g‘ri eshittirish olib boryapmiz! – deb e’lon qiladi boshlovchi. – Biz bugun rassom Arpaxshod, shoh Amrafel va Shinarlik Tupak bilan uchrashamiz, lekin eng avvalo, men sizlarga ajoyib minoramizning quruvchilaridan biri Nimro‘dni tanishtirmoqchiman. Nimro‘d, biz bilan suhbatlashishga rozi bo‘lganingiz uchun sizga rahmat!

– Biz nihoyat ushbu loyihani amalga oshira olishimizdan g‘oyat xursandmiz, – deydi boshqa ovoz. – Biz ushbu ishni tugatganimizda, barcha Xudoga va Yaratguvchiga ishonch – bor-yo‘g‘i xurofot ekanligiga ishonch hosil qiladi. Biz samoga xuddi zinapoyadan ko‘tarilgandek ko‘tarilamiz. Bu minora insonning ulug‘ligi, mening – Nimro‘dning ulug‘ligi sifatida abadiy turadi! Va tag‘in, razel frazel boboli babel!

Sen radioga hayron bo‘lib qaraysan. Bu yigit shu so‘zlarni aytganini noto‘g‘ri eshitgandek bo‘lasan: “razel frazel boboli babel”. Sen radio sozlanmasi adashib ketmaganini tekshirish uchun dastakni burasan. Lekin shu zahoti boshlovchining tanish ovozini eshitasan:

– Gu. Mungu piki botaxaxa gu!

Sen radioni o‘chirib, ota-onangni uyg‘otish uchun ularning yelkasiga turtasan:

– Ona, ota, men ulg‘ayganimda kim bo‘lishimni bildim! Tarjimon bo‘laman!

Ha albatta, bu shunday bo‘lmagan. Biroq Bobil minorasi mag‘rurlik va quruvchilarning jizzakiligi tufayli to‘xtab qolgan (qaragin: Ibtido 11:1-9). Ular o‘zlariga va o‘z imkoniyatlariga yodgorlik o‘rnatmoqchi bo‘lishdi, ammo Bobil minorasi axlat uyumiga aylanib qoldi.

Hayotda ham shunday bo‘ladi. Muqaddas Kitobda yozilgan: “Mag‘rurlikning ortidan halokat keladi, takabburlikdan so‘ng esa odam qoqiladi” (Hikmatlar 16:18). Muqaddas Kitobda – va umuman tarixda – mag‘rurlik halokatga olib kelgan odamlar haqida ko‘plab voqealar bor (Go‘liyot, Xomon, Navuxadnazar, Belshazar ulardan ayrimlari, xolos). Mana nima uchun Xudo bizning kamtar bo‘lishimizni istaydi: U bizni mag‘rurlik olib keladigan halokat va umidsizlikdan himoya qiladi, kamtarlik ortidan keladigan marhamat va donolik bilan bizni to‘ldiradi.

Bu esa axlat uyumi orasida bo‘lib qolishdan ancha afzaldir.

MULOHAZA QILGIN: Mag‘rurlik odatda halokat va umidsizlikka olib kelishi haqidagi fikrga qo‘shilasanmi? Agar bu fikrga qo‘shilsang, nima uchun? Nima deb o‘ylaysan, mag‘rurlik odamlar qalbini ko‘r qilib, aqlli maslahatlarga quloq solmaydigan darajaga keltirib bema’ni harakatlar qilishlariga undaydimi? Nima uchun «ha» va nima uchun «yo‘q»?

IBODAT: “Dono va sevuvchi Rabbim, meni muloyimlikka o‘rgatib, mag‘rurlik xavfidan himoya qilayotganing uchun Senga rahmat. Iltimos, meni O‘g‘ling, Iso kabi muloyim va kamtar bo‘lishga o‘rgatgin”.

 

 

21 OKTYABR. MO‘LJAL OLISHNI O‘RGAN

Kalomdan o‘qish: Yuhanno 14:15-17  

Men osmondagi Otaga murojaat qilaman va U sizlar bilan to abad qoladigan boshqa Homiyni yuboradi. Bu Homiy – Haqiqat Ruhidir (Yuhanno 14:16-17).

 

SPORTNING QANCHA TURLARINI bilasan? Sanab o‘tgin.

Sen qanchasini eslashing mumkin? Ehtimol, sen futbol deb aytarsan, to‘g‘rimi? Shuningdek, basketbol, voleybol va tennisni aytishing mumkin. Balki, xokkey, avtopoyga va velopoyga senga yoqar. Biroq sen harholda aytib o‘tmagan bir sport turi bor. Bu mo‘ljal olishni aniqlash sporti.

U tobora ommabop bo‘lib bormoqda. Musobaqa ishtirokchilari o‘zlari bilan xarita va kompas olib biror xilvat joyga (sahroga, o‘rmonga, dalaga va h.k.) borishadi. Xarita, kompas va mo‘ljal olish bilimlari bilan muayyan bir maqsadga yetishishlari kerak. Odamlarga ushbu sport turi yoqadi, negaki u topishmoq yechish va labirintda yo‘l izlashga o‘xshaydi.

Aslida biz hammamiz xuddi shu narsa bilan muntazam shug‘ullanamiz. Ehtimol, biz hech qachon o‘rmonda va dalada bo‘lmagandirmiz, lekin biz tez-tez avval bo‘lmagan vaziyatlarga tushib qolamiz: “Xolamning torti menga yoqmasada, unga tort mazali ekan aytishim yolg‘on bo‘ladimi?” “Akamga aytmagan holda, uning yig‘ib qo‘ygan pulidan “qarz” olishim to‘g‘rimi?” “Singlimga soqol olish uchun ishlatiladigan krem sovg‘a qilib, bu quruq teri uchun tungi krem desam ma’qul bo‘larmikan?”

Notanish vaziyatda mo‘ljalni olish anchayin qiyin bo‘ladi. Bizga tez-tez yo‘nalishni topib olishimiz kerakdek tuyuladi. Ammo bizga bunday tuyulmasligi kerak – agarda bunga muvofiq asbob-uskunalar bo‘lsa, albatta.

Iso O‘z shogirdlariga ularni tark etib, samoga ketayotganini aytganida, Ota “sizlar bilan to abad qoladigan boshqa Homiyni yuboradi. Bu Homiy – Haqiqat Ruhidir” (Yuhanno 14:16-17), deya va’da qilgan. U O‘zining izdoshlari ba’zan o‘zlarini adashib qolgandek his qilishlarini aytgan. Iso ularning gohida qanday yo‘l tutishni bilmay qolishlarini tushungan. Shu bois Iso ularning qalblarida yashab haqiqatga undaydigan Muqaddas Ruh bo‘lishini aytgan.

Mo‘ljal olishning asoslaridan biri – to‘g‘ri yo‘l izlash uchun kompasdan foydalanishdir. To‘g‘ri tanlovning asoslaridan biri – bizga yo‘l ko‘rsatadigan Muqaddas Ruhni tinglash. Biz Uni ibodat orqali, Muqaddas Kitobni o‘qish va amrlarni bajarish orqali tinglaymiz. Biz Uni tinglaganimizda, vaziyat u qadar notanish bo‘lib tuyulmaydi va biz yo‘lni aniqroq farqlaymiz.

MULOHAZA QILGIN: Nima deb o‘ylaysan, masihiylar (ichlarida Muqaddas Ruh yashayotganlari) e’tiqodsiz kishilarga nisbatan ezgulik va yovuzlikni yaxshiroq farqlay olishadimi? Nima uchun «ha» va nima uchun «yo‘q»? Muqaddas Ruhning ko‘rsatmalari xarita yoki kompasga nimasi bilan o‘xshash? Ular nimada farqlanishadi? Ruh senga ko‘rsatmaga berishiga ijozat etasanmi? Agar yo‘q bo‘lsa, nima uchun? Agar ijozat etsang, qay tarzda?

IBODAT: “Mehribon Xudo, har bir masihiyning ichida yashayotgan, Sen in’om etgan Muqaddas Ruh uchun rahmat. Iltimos, Uning ovozini eshitishimga va Uni ko‘rsatmalariga amal qilishimga yordam ber”.

 

 

22 OKTYABR. SEVGIDA IQROR BO‘LISHNING O‘N UCH USLUBI

Kalomdan o‘qish: Yuhanno 14:18-21     

Mening amrlarimni bilib, ularga amal qilgan kishi Meni sevadi (Yuhanno14:21).

 

KIMGADIR SEVGI IZHOR QILISHNING KO‘PLAB USLUBLARI BOR. Sen quyidagilarni qilishing mumkin:

  • “Men seni sevaman!” deyishing

 

  • qo‘shiq kuylashing
  • “Men seni sevaman!” deb yozishing

 

  • quchoqlashing
  • uning ismini qorda yozishing

 

  • valentinka yuborishing
  • unga hikoya aytib berishing

 

  • pirojnoye pishirishing
  • havo orqali o‘pich yo‘llashing

 

  • gullar sovg‘a qilishing
  • uning xonasini tozalab qo‘yishing

 

  • uning stoli ustida yurak shaklidagi gul marjon ilishing

 

 

  • bu insonga ko‘rsatma berishing

 

Oxirgi band seni hayron qoldirdi, to‘g‘rimi? Oxir-oqibat, kim ham sevgi izhor etib, ko‘rsatma berishi mumkin?

Ko‘pchilik aslida shunday qiladi. Ehtimol, ota-onang buni har doim qilishar. Ular shunday deyishadi: “Katta yo‘lda skeytbordda uchmagin”, “Kamaringni taqib ol”, “Yelkangga feyerverkdan katta raketa osib olib Oyga uchib ketishga urinma”. Ular senga toqat qila olmaganlaridan shunaqa deyishmaydi. Sening hayotingni buzmoqchi ham emaslar. Ular seni sevganlari bois shunday ko‘rsatmalar berishadi. Misol uchun, ular katta yo‘lda skeytbordda uchmasligingni buyurishadi, negaki mashina tagiga tushib qolishingni istashmaydi. Ularning ko‘rsatmasi – sevgi izhorining uslubidir.

Xudo ham shunday yo‘l tutadi. U bizni sevgani bois mana bunday amrlarni beradi: “Yolg‘on gapirma”, “O‘g‘irlama”, “Zino qilma”. U bizni himoya qilishni va bizning xayru-barakalarimiz uchun g‘amxo‘rlik qiladi. Misol uchun, U bizga fikrlar, so‘zlarimiz va harakatlarimizda tozalikni asrashni buyuradi, U bizni zararli odatlardan, kasallik va boshqa yomon vaziyatlardan asraydi. Uning amrlari – sevgi izhorining uslubidir.

Bilasanmi, biz Unga qanday qilib sevgi izhor etishimiz mumkin? Iso aytgan: “Mening amrlarimni bilib, ularga amal qilgan kishi Meni sevadi...” (Yuhanno 14:21). Uning amrlariga itoat etgan holda, biz Isoga Uni sevishimizni ko‘rsatamiz. Unga go‘yo shunday degandek bo‘lamiz: “Men Seni sevaman, Iso”.

MULOHAZA QILGIN: Sen Xudoning sevgisi bizga ta’kidlanmagan biror bir amrini ko‘rsata olasanmi? Nima uchun ko‘rsatolmaysan? Xudoning amrlari – U bizga O‘zining sevgisini xabar qiladigan yagona usulmi? U buni yana qay tariqa amalga oshiradi? Amrlarni bajarish – biz Xudoga sevgimizni bildiradigan yagona usulmi? Yana qanday usullar bilan biz buni amalga oshirishimiz mumkin? Isoga bo‘lgan sevgingni bugun Unga qay tariqa aytishing mumkin?

HARAKAT QIL: Bugun qog‘ozdan yurak shaklidagi gul marjon yasab, biror kishiga sevgi izhori tariqasida uning stoli ustiga osib qo‘y.

IBODAT: “Rabbim, O‘z sevgingni barcha Amrlaringda izhor etayotganing uchun Senga rahmat. Men bugun nimaiki qilmay, gapirmay yoki qilmay sevgimni Senga izhor qilishim uchun menga yordam ber”.

 

 

23 OKTYABR. “ENG AQLLI BOLA”

Kalomdan o‘qish: Hikmatlar 9:9-12   

Dono bo‘lsang o‘zingga foyda, mazax qilsang o‘zing jabr tortasan (Hikmatlar 9:12).

 

UCH KISHI – xizmatchi va ikkita bola – to‘rt o‘rindiqli kichkina samolyotda uchishdi. Bolalardan biri yaqinda “Eng aqlli bola” unvoniga erishgan bo‘lib, u haqda jurnallarda yozishgandi.

To‘satdan uchuvchi, motor ovozidan ham balandroq holda, passajirlarga qichqirdi:

– Bizda halokatli vaziyat! Bak yorilgan, ikki daqiqadan so‘ng barcha yonilg‘i oqib ketadi. Samolyotni tark etishimiz kerak!

– Bu unchalik ham yomon emas, – dedi xizmatchi asabiy jilmayib. – Hamisha parashyutdan sakrashni orzu qilardim!

Uchuvchi bosh chayqadi:

– Bizning faqat uchta parashyutimiz bor. Kimdir qutulmay qolishi mumkin! Mening oilam bor. Men bolalarimni yetim qilib ketolmayman.

– Men esa – eng aqlli bolaman, – debdi bolalardan biri. – Ehtimol, men saraton, OITS yoki shunga o‘xshash boshqa kasalliklarga qarshi dori kashf etadigan yagona odamdirman! Bu muammoni o‘zaro hal qilib olinglar.

Bola shunday deb parashyutni olibdida samolyotdan sakrabdi.

Xizmatchi boshqa bolaga va uchuvchiga o‘girilibdi:

– Qolgan parashyutlarni olinglar, – debdi u. – Men o‘limdan qo‘rqmayman.

– Rahmat, – debdi bola. – Ammo muammo hal bo‘ldi. “Eng aqlli bola” parashyut o‘rniga mening yo‘l xaltamni olib sakradi.

Bundan kelib chiqadiki, “eng aqlli bola” unchalik aqlli emas ekan. U parashyut o‘rniga yo‘l xaltasini olibgina qolmay, balki xudbin bo‘lgani uchun ham bema’ni qaror qabul qildi. Va buning uchun jazosini ham oldi.

Balki sen bu bola kabi ahmoq va xudbin emasdirsan, ammo noto‘g‘ri qaror uchun odatda og‘ir to‘lov qilishga (mabodo hali bunday to‘lov qilmagan bo‘lsang) to‘g‘ri keladi. Yolg‘on noxush oqibatlarga olib kelishi mumkin. Yolg‘on uchun maktabda past baho olishing va hattoki o‘qishdan haydalib ketishing mumkin. Boshqa odamlarga zarar keltirishga urinish o‘zingga ko‘proq ziyon keltirishi mumkin.

Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: “Dono bo‘lsang o‘zingga foyda, mazax qilsang o‘zing jabr tortasan” (Hikmatlar 9:12). Boshqacha aytganda, taqvodorona donolik va to‘g‘ri tanlov albatta taqdirlanadi, balki bu – shu zahoti ro‘y bermas va uzoq davom etmas. Biroq sen to‘g‘ri qaror qabul qilishga o‘rgansang, bu sen uchun juda foydali bo‘ladi. Agar shunday bo‘lmasa... baribir samolyotdan o‘zingni tashlab yuborma.

MULOHAZA QILGIN: Nima deb o‘ylaysan, kimning hayoti qiziqarliroq: hamisha noxush vaziyatga tushib qoladigan odamningmi yoki qoidalarga amal qiladigan insonningmi? Sen to‘g‘ri qaror qabul qilganing uchun qachonlardir afsuslanganmisan? Qachonlardir to‘g‘ri qaror qilganing uchun berilgan mukofotdan xursand bo‘lganmisan? Sen kimsan: donolikka o‘rgangan insonmi yoki donolik ustidan kuladigan kishimi?

IBODAT: “Rabbim, men dono bo‘lishni va to‘g‘ri qaror qabul qilishni istayman. Iltimos, dono bo‘lishimga va bugun aqlli qarorlar qabul qilishni o‘rganishimga yordam ber”.

 

 

    24 OKTYABR. TOPGIN-CHI!

Kalomdan o‘qish: Ishayo 46:3-10

Meni kimga o‘xshatasan?! Kimga tenglashtirasan?! Meni kimga taqqoslaysan?! Nima, Men o‘shalar bilan teng bo‘lib qoldimmi?! (Ishayo 46:5)

 

TO‘G‘RI JAVOBNI TOPISHNI ISTAYSANMI? Kel, urinib ko‘ramiz.

Sen ko‘p narsalar muayyan namuna asosida qilinishini bilasan. Misol uchun, libos tikish uchun andaza kerak. Pechene pishirish uchun uning shaklidan foydalaniladi. To‘g‘rimi? Kel, quyidagi holatlarda nima namuna bo‘lishi haqida o‘ylab ko‘raylik.

1. Samolyotni tayyorlash uchun nima namuna bo‘lgan?

a) ummon kemasining shakli

b) inson tanasi

v) qushning tanasi

2. O‘rdak ovlash uchun nima xo‘rak namunasi bo‘lgan?

a) o‘rdak Donald

b) Kulrang bo‘yin

v) haqiqiy o‘rdak

3. Ezgulik va yovuzlikni farqlash uchun nima namuna hisoblanadi?

a) shaxsiy fikr

b) an’ana

v) Xudoning tabiati va fe’l-atvori

Ehtimol, samolyot qush tanasiga asoslangan holda, ov xo‘ragi esa haqiqiy o‘rdak shaklida qilinganini javob tariqasida aytish senga qiyin bo‘lmagandir. Shu tariqa, ezgulik va yovuzlikni farqlash namunasi – Xudoning tabiati va Uning fe’l-atvori hisoblanadi.

Boshqacha aytganda, biz yaxshi yoki yomon ish qilayotganimizni tushunish uchun o‘z harakatlarimizni do‘stlarimiz harakatlari bilan taqqoslamasligimiz kerak. Biz o‘z harakatlarimizni davlat qonunlari bilan solishtirmasligimiz lozim. Ezgulik va yovuzlikni anglashning yagona haqiqiy namunasi – bu Xudodir. Biz aynan U bilan o‘z harakatlarimizni solishtirib ko‘rishimiz kerak, negaki Uning marhamati va odilligi bizga nima yaxshi va to‘g‘ri ekanligini ko‘rsatadi.

Bu oddiy. Agar nimadir Xudoga o‘xshash bo‘lsa, o‘sha narsa to‘g‘ri. Mabodo, u Xudoga o‘xshamasa, bu holda noto‘g‘ri. Toki sen o‘z harakatlaringni Xudo bilan tekshirib turarkansan, noto‘g‘ri ish qilishing mumkin emas. To‘g‘rimi? To‘g‘ri.

MULOHAZA QILGIN: Sen qachonlardir yaxshilik va yomonlikni Xudodan boshqa biror namuna bilan farqlashga uringanmisan? Sen qachondir o‘z tuyg‘ularing bilan o‘zingni boshqarishga harakat qilganmisan? “Boshqa qolganlari” bilanchi? Do‘stlaring va o‘qituvchilaring aytganlari bo‘yicha ish tutganmisan? Yana biror narsa bilanmi? Bulardan qaysi birini Xudo bilan taqqoslash mumkin?

IBODAT: “Mehribon Xudo, iltimos, Sen ezgulikni anglashning yagona haqiqiy namunasi ekanligingni yodda tutishimga yordam ber. Sen bilan nimaniki o‘ylamay, gapirmay yoki qilmay, har kuni tobora ko‘proq Senga o‘xshab borishimga ishonishim uchun yordam ber, bunda Sening Ruhing menga yordam bersin”

 

 

25 OKTYABR. “AMAKI, SEN XUDOMISAN?”

Kalomdan o‘qish: Zabur 144:8-13  

Sening saltanating abadiy shohlikdir,

Hukmronliging nasllar osha davom etar      (Zabur 144:13)

 

       YOSHLAR XIZMATCHISI va yozuvchi Dag Filds Ikkinchi jahon urushi davrida ro‘y bergan bir voqeani hikoya qiladi.

Bu vayronakor urushning oxirida Yevropaning katta qismi xarobaga aylangandi. Binolar bomba va yong‘indan zararlangan, ko‘chalarda kul va axlat uyulib yotar, ular orasida kiyim va yegulik izlagan ko‘plab yetim bolalar izg‘ib yurishardi.

Kunlardan birida amerikalik askar Londonning urush tufayli bo‘shab qolgan ko‘chalaridan djip mashinasida ketib borardi. U burchakka burilganida juldur kiyimdagi bolakayni ko‘rib qoldi. Bola burnini shirinlik do‘koniga tiraganicha turib qolgandi. Ichkarida oshpaz pirojkalar pishirayotgandi.

Askar djipni to‘xtatdi. U do‘konga kirib bir qancha pirojkalar sotib oldi. Keyin esa chiqib pirojkalarni bolaga uzatdi.

– Mana, – dedi u, – bu senga.

Bola askarga ko‘zlarini katta ochgancha qarab, paketni oldi. Lekin askar burilib djip sari yura boshlaganida, kimdir uning shineli etagidan tortdi. Askar orqaga o‘girilib bolani ko‘rdi.

– Amaki, – deb so‘radi bolakay ko‘zlari hamon katta ochgancha, – sen Xudomisan?

Bola nima uchun bunday savol berdi? U nima uchun djipdagi amerikalikni Xudo o‘rnida qabul qildi? Buni tushunish qiyin emas. Askarning harakatidagi nimadir bolaga Xudoni eslatdi. Bu “qaysidir ma’noda” sevgi edi.

Askar bolaga pirojkalar sotib olganida qandaydir yaxshi va to‘g‘ri ish qildi. Bu sevgi va g‘amxo‘rlikka yo‘g‘rilgan harakat edi. U oddiy sabab tufayli to‘g‘ri edi: Xudo shunday yo‘l tutgan. Bola askarni Xudo o‘rnida qabul qildi, negaki Xudodan sevgi taraladi. Mana nima uchun sevgi yaxshi (nafrat esa yomon) – negaki Xudo bizni sevadi. Muqaddas Kitobda Xudo O‘zining barcha va’dalariga sodiq ekanligi va O‘zi yaratgan barcha ijodini sevishi aytilgan. “Sening saltanating abadiy shohlikdir, Hukmronliging nasllar osha davom etar” (Zabur 144:13). Sen sevganingda to‘g‘ri yo‘l tutasan, negaki sevgi Xudoga o‘xshaydi.

MULOHAZA QILGIN: Sen bugun kimgadir munosabatda o‘z sevgingni ko‘rsatdingmi? Nafratnichi? Bulardan qaysi biri to‘g‘ri, qaysi noto‘g‘ri? Nega? Biror kishiga nisbatan munosabatingni o‘zgartirishing kerakmi?

HARAKAT QIL: Keyingi safar pirojka yeganingda, askar va och bolakay haqida, shuningdek, sevgi haq ekanligi, negaki Xudo sevgi ekanligi xususida eslagin.

IBODAT: “Rabbim, bilaman, sevgi to‘g‘ri, negaki Sen sevasan. Xuddi Sen kabi boshqalarni sevishimga yordam ber”.

 

 

26 OKTYABR. PATEFONGA YO‘L

Kalomdan o‘qish: Yoqub 1:19-25     

Xudoning kalomiga rioya qilinglar! Kalomni eshitsam bas, deb o‘zingizni o‘zingiz aldamanglar (Yoqub 1:22).

 

SEN DAM OLISH KUNINI ota-onang bilan birgalikda o‘tkazasan. Sen attraksion parkiga borgan bo‘larding, lekin ota-onang boshqacha fikrda. Ular buning o‘rniga patefonlar Muzeyiga bormoqchi bo‘lishadi.

Sen ota-onang va singilchang bilan birgalikda mashinada ketyapsan, agar singling yana bir marta “O‘rmonda archa tug‘ildi” qo‘shig‘ini aytsa, mashina oynasidan hushsiz holda tushib ketgudek bo‘lib turibsan. Otang mashinani to‘xtatgan zahoti sen tashqariga boshingni chiqarasan, otang esa shu paytning o‘zida aytib qoladi: “Uch daqiqadan keyin jo‘naymiz!” Nihoyat sizlar o‘tib borayotgan bu joylar senga tanish ekanligini payqaysan.

– Biz adashib qoldikmi? – deb so‘raysan.

– Yo‘q, – deydi otang charchagan ohangda. – Biz deyarli yetib keldik.

– Ota, men hojatga bormoqchiman! – hiqillaydi singling.

– Nega biz yo‘l qayoqqa borishini so‘ramayapmiz? – deydi onang.

– Menga buning keragi yo‘q. Qayoqqa borishni bilaman.

– Bu holda, – deydi onang oynani ko‘rsatib, – nega biz to‘rtinchi marta bu bog‘ yonidan o‘tib ketayotganimiz tushunarli.

– Mayli, mayli, – deya otang nihoyat yon beradi. U yoqilg‘i shoxobchasiga borib ishchidan patefonlar Muzeyiga qanday borish mumkinligini so‘raydi.

– Svetofordan o‘ng tomonda, – deydi ishchi saqich chaynaganicha. – Ikki kilometrdan so‘ng pivo zavodi bor, o‘shandan chapga buriling. Keyingi chorrahadan chapda patefonlar Muzeyi joylashgan.

Otang ishchiga rahmat aytib, shoxobchadan mashinani haydab chiqaradi va svetofordan chapga qayriladi.

– Azizim, – deydi onang, - lekin u o‘ngga burilishni aytgandi.

– Bilaman.

– Lekin sen chapga burilding! Sen boshqa yoqqa ketyapsan – deydi onang.

– Men kerakli joyga ketyapman, – deb javob qaytaradi otang. – Men baribir o‘sha yoqqa boraman. Faqat o‘z yo‘lim orqali boraman.

Sen o‘zingni mashina o‘rindig‘iga tashlaysan. Singling tag‘in kuylashni boshlaydi. Sen oynaga qarab, bosh bilan qanchalik qattiq urilsa odam hushidan ketishi mumkinligi haqida o‘ylaysan.

G‘aroyib manzara, to‘g‘rimi? Yo‘l haqida so‘rab, keyin esa maslahatga teskari ish tutishda ma’no yo‘q.

Lekin biz baribir shunday qilamiz. Xudo bizga ko‘rsatmalar – ko‘plab ko‘rsatmalar bergan. U qay tarzda begunoh va quvonchli yashash haqida aytgan. Ammo biz odatda yo‘lni biladigan Zotning ko‘rsatmalariga amal qilishdan ko‘ra, o‘z yo‘limizdan borishni afzal ko‘ramiz. Ezgulik va yomonlikni farqlashning o‘zi yetarli emas; sen ezgulikni tanlashing kerak, aks holda sening bilimlaring befoydadir.

MULOHAZA QILGIN: Sen oxirgi marta qachon qanday to‘g‘ri yo‘l tutish kerakligini bilgan holda baribir noto‘g‘ri ish qilgansan? Nega sen shunday qilding? Keyingi safar qay tariqa to‘g‘ri qaror qabul qilishing mumkin?

IBODAT: “Rabbim, nafaqat Sening Kalomingni eshitish, balki unda aytilganlarni qilishim uchun menga yordam ber”.

 

 

27 OKTYABR. BOBNING SIRI

Kalomdan o‘qish: Zabur 43:2-9       

Sen tufayli dushmanlarimizni yiqitamiz,

Noming ila g‘animlarimizni ezamiz (Zabur 43:6).

 

“BOB HAQIDA NIMA DEYSIZ?” deb nomlangan film bor, unda Bill Myurrey va Richard Dreyfus o‘ynashadi. Bu ruhshunos shifokor va uning dunyodagi hamma narsadan qo‘rqadigan bir mijozi haqida. Mijoz Bob ruhshunos ortidan o‘zi ham ta’tilga jo‘naydi. Ruhshunosning jahli chiqadi, lekin shifokorning oilasiga Bob yoqib qoladi. Ular hattoki uni o‘zlari bilan yaxtada suzish uchun birga olib ketishadi – hayotda birinchi marotaba – va Bob suvga tushib ketmasligi uchun uni machtaga bog‘lab qo‘yishadi.

Bob sohilga qaytganida ruhshunosni ko‘rib quvonchdan qichqira boshlaydi:

– Men suzdim! Men yelkan ostida suzdim! Men dengizchiman! Men chindan ham suzdim!

Bob keyinroq tinchlanib olgach shifokorning o‘g‘liga (u ham qandaydir qo‘rquvlardan azob chekadi) shunday deb tushuntiradi:

– Men bor-yo‘g‘i kemaga nima qilishi mumkin bo‘lsa, shunga ruxsat berdim ... Bu mening sirim.

Ko‘ryapsanmi, ko‘plab odamlar – Xudoni sevadigan va Unga xizmat qilishni istaydigan odamlar – yaxshilik qilish va yomonlikdan qochish, bu o‘zlarning ishlari deya hisoblashadi. Ular to‘g‘ri qaror uchun tishni tishga qo‘yib vasvasa va gunohga qarshi kurashish kerak, bu urushda faqat kuchlilar g‘olib chiqadi, deya hisoblashadi.

Ular “Bobning siri”ni o‘rganishlariga to‘g‘ri keldi. O‘z kuchi bilan mo‘minlarcha yashab to‘g‘ri qaror qilishga urinish xuddi yelkanda yelib, yaxtada suzishga urinishga o‘xshaydi. Senda hammasini mustaqil qilish va butun yo‘l davomida yelkanni shishirish uchun kuch yetmaydi. Sen urinmagan holda, balki imon bilan to‘g‘ri qaror qabul qilishing mumkin. Oxir-oqibat, sen taqvodorona yashashing mumkin, “Qudrat bilan emas, kuch bilan emas, Mening Ruhim ila muvaffaqiyatga erishasan, – deydi Sarvari Olam” (Zakariyo 4:6).

Sening vazifang – ibodat qilish va imkon qadar Xudoga yaqin bo‘lishdir. Xudoning ishi (Muqaddas Ruh orqali) – Uning amrlarini bajarishingga yordam berish (qaragin: Hizqiyol 36:26-27). Mabodo sen Muqaddas Ruhga o‘z yelkaning uchun shamol bo‘lishiga ijozat etsang, to‘g‘ri qaror qilishing mumkin.

MULOHAZA QILGIN: Zabur 43:2-4-oyatlariga asosan, Isroil xalqi uchun kim orzu qilingan yerni zabt etdi? Zabur 43:5-9-oyatlariga ko‘ra, kim g‘alabani yo‘llaydi? Agar sening ishing Xudoga imkon qadar yaqin bo‘lish uchun ibodat qilish va Uning amrlarini bajarishingga yordam berishi uchun imon keltirish bo‘lsa, sen hali qilmagan nimanidir hozir boshlashing kerakmi? Ehtimol, aksincha bo‘lishi kerakmi – nimanidir qilmay qo‘yish kerakmikan? Sen har kuni Xudoga qanday qilib tobora ko‘proq ishonishing mumkin? Xudoga ishongan holda noo‘rin ish qilsa bo‘ladimi? Nima uchun «ha» va nima uchun «yo‘q»?

IBODAT: Zabur 43:2-9-oyatlarini ibodat kabi o‘qib chiq. Uni o‘z so‘zlaring bilan takrorlashing va hattoki Zaburni daftarga xohlagan talqinda yozishing mumkin.

 

 

28 OKTYABR. QUDRATNING IKKI USTUNI

Kalomdan o‘qish: Yahudo 1:20-24   

Sizlar esa, ey azizlarim, qutlug‘ imoningizga tayanib hayot kechiringlar. Muqaddas Ruh ilhomi bilan ibodat qilinglar (Yahudo 1:20).

 

OLTIN DARVOZA KO‘PRIGI Kaliforniyadagi San-Fransisko ko‘rfazini kesib o‘tadi. Ehtimol, bu dunyodagi eng mashhur ko‘prik bo‘lib, uning qurilishi 1937 yilda yakunlangan. Dunyodagi eng uzun bu osma ko‘prik 2710 metrga cho‘zilgan bo‘lib, bu deyarli o‘ttizta futbol maydonining o‘rniga teng keladi.

Ko‘prik uzra juda qattiq shamol esadi. Bu joyda uylarni qulatib, temir yo‘llarni shikastlaydigan darajadagi kuchli zilzilalar bo‘lib turadi. Ammo Oltin darvoza ko‘prigi bu sinovlarning barchasiga bardosh berib, qurilgan paytidagidek mustahkamligicha qolmoqda.

Ayni vaqtda boshqa qurilishlar darz ketib qulab tushayotganida, bu ko‘prik qay tarzda mustahkam bo‘lib qolavermoqda?

Buning sabablaridan biri uning asosi qanday qurilganidadir. Ko‘ryapsanmi, ko‘prik quruvchilari bu joyda tez-tez zilzila bo‘lib turishini bilishgan. (Ko‘prik qurilishidan o‘ttiz bir yil avval, ya’ni 1906 yilda yuz bergan o‘ta kuchli zilzila San-Fransiskoning katta qismini vayron qilgandi.) Shu bois ular ko‘prikning baquvvat to‘sinlar bilan mustahkamlangan ikkita katta tayanchini yirik sement bloklariga qo‘yishdi. Shunday bloklardan biri shahar kvartalidan hajman katta bo‘lib, deyarli qirq ming tonna og‘irlikni tashkil etadi! Bunday tayanchga ega bo‘lgan ko‘prik zilziladan qo‘rqmasa ham bo‘ladi.

Xuddi shu narsa senga ham taalluqli. Ehtimol, sen zilzilani boshdan kechirmagandirsan, ammo do‘stlaring chekish yoki giyohvand moddadan tatib ko‘rishingga undashgandir. Ba’zan ota-onangni yoki o‘qituvchilaringni aldaging kelib qoladi. Yomon ishlar qilishga undaydigan ko‘pgina vasvasalarga to‘qnash kelasan va ba’zan to‘g‘ri qaror qilishing qiyin kechadi.

Mana nima uchun Oltin darvoza ko‘prigi kabi senga ham mustahkam asos kerak. Bu mustahkam asos to‘g‘ri qaror uchun qalbingda va ongingda bo‘lishi kerak. Qalbingda ikkita mustahkam “ustun”–asoslar bo‘lganida, do‘stlaring seni noo‘rin ish qilishga undaganlarida ular yordam beradi. Bu ustunlar nima o‘zi? Ibodat va Muqaddas Kitobni o‘qish.

Sen balki bu haqda eshitgandirsan, ammo sen ixlos ila ibodat qilib, Muqaddas Kitobni har kuni o‘qisang, bu ustunlar ongingda va qalbingda tobora mustahkam bo‘lib boraveradi. Va keyingi safar katta vasvasa kelganida, sen mustahkam turishga tayyor bo‘lasan.

MULOHAZA QILGIN: To‘g‘ri qaror qilish sen uchun qiyinmi? Nima deb o‘ylaysan, sen har kuni Xudo bilan vaqt o‘tkazganingda (ibodat qilib va Muqaddas Kitobni o‘qigan holda) to‘g‘ri qaror qabul qilishing osonroq kechadimi? Sening imoning ibodatga va Muqaddas Kitobni o‘qishga asoslanganmi? O‘zingni ibodatga va Muqaddas Kitobni o‘qishga bag‘ishlashing uchun senga yordam kerakmi?

IBODAT: “Rabbim, iltimos, to‘g‘ri qaror qilishim uchun har kuni ixlos ila ibodat qilishim va Muqaddas Kitobni o‘qishimga yordam ber”.

 

 

29 OKTYABR. EHTIYoT BO‘LIB HAYDA!

Kalomdan o‘qish: Hikmatlar 4:14-15 

Fosiqning so‘qmoqlariga oyoq bosma, yovuzlar yo‘lidan yurma. Hatto nazar solma, yonidan ham o‘tma, qayrilib uzoqdan yurgin (Hikmatlar 4:14-15).

 

BIR BADAVLAT ODAM o‘z limuzini uchun haydovchi izlab qolibdi. Nomzodlar ko‘p bo‘lib, millioner oxirgi sinovda faqat uchtasini tanlab olibdi.

Millioner limuzinga yaxshilab o‘rnashib olibdida, birinchi nomzodga mashinani haydashni buyuribdi. Ular tog‘ning tor yo‘llaridan ketayotganlarida millioner haydovchiga aytibdi:

– Ko‘raylikchi, sen tik qiyalik yaqinidan qanday o‘tib ketarkansan.

O‘z mahoratini ko‘rsatishga tayyor bo‘lgan haydovchi xavfli qiyalikning chekkasidan mashinani haydabdi. U jarlikning bir necha metr yonidan mashinani haydab o‘tibdi. Ular qaytganlarida, millioner unga aytibdi:

– Rahmat. Men qarorim haqida sizni keyinroq xabardor qilaman.

Mashinani boshqarishga ikkinchi haydovchi o‘tiribdi. Unga ham millioner shunday debdi:

– Ko‘raylikchi, qiyalik yonginasidan pastga qulamay qanday o‘tib ketarkansan.

Birinchi nomzodga nisbatan yanada yuqori mahorat ko‘rsatishga tayyor turgan haydovchi qiyalikning bir necha santimetr narisidan mashinani haydab o‘tibdi! Millioner unga ham shunday debdi:

– Rahmat. Qarorimni sizga keyinroq aytaman.

Mashina ruliga uchinchi haydovchi o‘tirganida, millioner undan ham shuni so‘rabdi. Lekin u darhol shunday javob qilibdi:

– Aslo! Siz qancha pul taklif qilmang, jar yoqasi bo‘ylab mashinani haydamayman!

Millioner jilmayib aytibdi:

– Men seni ishga olaman!

Millioner haydovchilarning mahoratini emas, balki ularning aql-farosatini sinovdan o‘tkazibdi. Agar u ishini yo‘qotishiga to‘g‘ri kelgan taqdirda ham, xatardan nari yurishni istaydigan haydovchi – ehtiyotkor bo‘lishini tushungandi.

Xudo ham ehtiyot bo‘lib yuradigan yigit-qizlarni izlaydi, negaki U to‘g‘ri qaror uchun birinchi qadam – vasvasadan qochish ekanligini biladi. U O‘z bolalarining gunoh qilmagan holda nopoklikka yaqin borishlari mumkinligini tushuntirib o‘tirishlarini xohlamaydi. U biz vasvasaga qarab, shunday deyishimizni istaydi: “Aslo! Buning yaqiniga ham bormayman!”

Agar ehtiyot bo‘lib vasvasadan nari yursak noto‘g‘ri qarordan odatda himoyalansak bo‘ladi. Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: “Ey Xudoning quli Timo‘tiy, sen esa o‘zingni bu illatlardan olib qoch. Solihlik... payida bo‘l” (1 Timo‘tiy 6:11). Mabodo senda pirojkalar o‘g‘irlash vasvasasi uyg‘onsa, oshxonaga borma! Agar do‘stlaring seni chekishga undashmoqchi bo‘lishsa, ulardan nari yur! Boshqacha aytganda, agar vasvasa seni o‘z komiga tortmasidan avval undan nari bo‘lsang, uni yengishing oson kechadi. Va to‘g‘ri qaror qilishing ham yengil kechadi.

MULOHAZA QILGIN: Sen odatda vasvasadan nari bo‘lishga harakat qilasanmi yoki uning yonidan o‘tib ketish imkoniyatlarini qarab chiqasanmi? Eng kuchli uchta vasvasani esga ol. Ulardan qay tariqa nari bo‘lish mumkin?

IBODAT: “Xudoyim, menga yovuzlikdan qochish hamda ezgulik va haqiqat yo‘liga amal qilishim uchun yordam ber”.

 

 

30 OKTYABR. ZULMAT OSTIDA

Kalomdan o‘qish: Yuhanno 3:16-21    

Haqiqat yo‘lini tutgan odam esa nurga keladi. Bunday odamning ishlari Xudo orqali qilinganligini nur hammaga ayon qiladi (Yuhanno 3:21).

 

NIMA DEB O‘YLAYSAN, eng dahshatli jinoyatlar qachon amalga oshiriladi: kunduzimi yoki tunda?

Talonchilar qachon o‘z ishlariga kirishadi: yorug‘likdami yoki qorong‘ulikda?

Vandalizm (derazalarni sindirish, jihozlarni buzish va h.k.z.) bilan ko‘proq qaysi vaqtda mashg‘ul bo‘lishadi: kunduzimi yoki kechasi?

O‘t qo‘yuvchilar qachon harakat qilishadi: yorug‘likdami yoki zulmatda?

Agar sen barcha savollarga “kechasi”, “zulmatda” deb javob bergan bo‘lsang, haqsan. Nima uchun? Nega qanchalab qotillik va jinoyatlar tunda sodir etiladi? Nega odamlar deraza sindirish yoki o‘t qo‘yish uchun qorong‘ulikni kutishadi?

Negaki zulmat ana shunaqa, ha albatta! Odamlar biror yomon ish qilayotganlarida qo‘lga tushib qolishni istashmaydi, qorong‘ulik esa ularning qilmishlarini berkitadi. Iso ushbu so‘zlarni aytganida mana nimani nazarda tutgan: “Ammo odamlar nurdan ko‘ra, zulmatni yaxshi ko‘rdilar, chunki ularning qilmishlari yovuz edi. Qabihlik qilgan odam nurdan nafratlanadi. Qilmishlari fosh bo‘lmasligi uchun u nurdan qochadi” (Yuhanno 3:19-20).

Isoning so‘zlarida mujassamlashgan haqiqatni tushunish senga to‘g‘ri qaror qabul qilishing uchun yordam beradi. Mabodo sen ota-onangga aytishni istamaydigan nimadir qilmoqchi bo‘lsang, harqalay, bu yaxshi bo‘lmasa kerak (agar, albatta, ular uchun qandaydir sovg‘a tayyorlamayotgan bo‘lsang!). Agar biror nimani yashirishga urinayotgan bo‘lsang, bu yaxshilik belgisi emas, zero, “Haqiqat yo‘lini tutgan odam esa nurga keladi. Bunday odamlarning ishlari Xudo orqali qilinganligini nur hammaga ayon qiladi” (Yuhanno 3:21).

Xullas, yodingda tut: mabodo biror ishni yashirincha qilmoqchi bo‘lsang, yaxshisi buni qilmay qo‘ya qol. Hammasini go‘yo Xudo ko‘rib turayotgandek bajar – zero U chindan ham ko‘rib turadi!

MULOHAZA QILGIN: Atrofingdagilardan yashirishga to‘g‘ri kelgan biror narsa senda bo‘lganmi? Agar shunday bo‘lsa, u nima edi? Noto‘g‘ri ish qilishing uchun senda qanday fikrlar bo‘lishi kerak? Agar qilayotgan ishlaring Xudoga manzur bo‘lsa, buni yashirishga urinmaysanmi?

IBODAT: “Yorug‘lik Xudosi, to‘g‘ri ish qilayotganlar orasida bo‘lishimga, o‘z qilmishlarini zulmat ostida saqlaydiganlar bilan esa birga bo‘lmasligim uchun yordam ber”.

 

 

31 OKTYABR. HOZIRMI YOKI KEYIN?

Kalomdan o‘qish: Ibroniylar 10:32-36   

Shunday ekan, oldingiday imonda qat’iyatli bo‘linglar! Shunda buyuk mukofot olasizlar. Sabr-toqatli bo‘lib, Xudoning irodasini bajaringlar. Shunda Xudoning va’dasiga erishasizlar (Ibroniylar 10:35-36).

 

BIZNING DAVRIMIZDA tez olishimiz mumkin bo‘lgan ko‘p narsalar bor: eriydigan qahva, tez tayyorlanadigan lapsha, bir lahzalik lotereya. Ammo tez qo‘lga kiritilmaydigan narsalar ham bor. Sen bir oqshomning o‘zida yetuklik attestatini ololmaysan. Bir necha daqiqa ichida gul o‘stirolmaysan. Bir lahzaning o‘zida (reklamalarda nima deb yozishmasin) oriqlay olmaysan. Hattoki eriydigan qahvani eritishing uchun suv qaynatish kerak, buning uchun esa qanchadir vaqt talab etiladi.

Muammo shundaki, biz nimalarnidir qanchalik tez olganimiz sayin, boshqalarini olish uchun kutishimiz shunchalik qiyin bo‘lmoqda. Biz “fast-fud”ga, ya’ni bir zumda tayyorlanadigan ovqatlarga shunchalik o‘rgandikki, kafeda bir necha daqiqadan ortiq kutolmaymiz (agar bundan ortiq kutishimizga to‘g‘ri kelsa, xizmat ko‘rsatish darajasidan shikoyat qilamiz!) Biz tayyor narsalarni olishga shunchalik o‘rgandikki, bizga yig‘ma o‘yinchoqlar sovg‘a qilishsa bu yoqmaydi. Biz hammasiga hozir erishishni istaymiz, istaganimizga erishish uchun tejash, reja qilish, kutish biz uchun og‘irlik qilmoqda.

Dushmanimiz shayton esa, biz barchasini bir zumda va tez qo‘lga kiritishni istashimizni biladi. U bizni noto‘g‘ri qarorlar qilishga ishtiyoq uyg‘otish uchun bu istagimizdan foydalanadi. U bizning ko‘pchiligimiz xohlagan narsamizni istalgan paytda qo‘lga kiritishga o‘rganganimizni biladi. U shu tariqa bizga istagimiz shu zahotiyoq xursandchilik keltirishini va’da qilib, noto‘g‘ri ishlar qilishga vasvasa uyg‘otadi.

– Bilaman, bugun kinoga borish uchun chiptaga puling yo‘q, – deydi u, – lekin do‘stlaring bugun o‘sha yoqqa borishadi. Onangni hamyonidan pul olaqol; u hech nimani payqamaydi.

– Borib, do‘stingni masxara qil; hozir stol atrofida o‘tirganlar kulib, seni zo‘r bola deb o‘ylashadi. Sen hamisha – keyinroq – kechirim so‘rashing mumkin.

To‘g‘ri qaror qabul qilish va bundan yanada mustahkam natijalariga erishish uchun bir lahzalik quvonchlarga “yo‘q” deb aytishni bilish kerak.

Boshqacha aytganda, odatda noo‘rin ishlar qilish vasvasasi xuddi shaytonning bir bo‘lak shirinligidan hoziroq va o‘z oshxonangdan keyinroq shirinlik yeyish o‘rtasidagi tanlovga o‘xshaydi. Agar sen hozir “yo‘q” deb ayta olsang, keyinroq buning uchun taqdirlanasan. Bu odatda hoziroq va keyinroq o‘rtasidagi tanlov bo‘ladi.

MULOHAZA QILGIN: Oxirgi marotaba qachon qaror qilganingni eslab ko‘r. “Bir lahzadayoq” mamnun bo‘lish istagi senda noo‘rin ishlar qilishga undaganmi? Agar shunday bo‘lsa, bu holda sen qanday qilib kelgusi safar to‘g‘ri qarorga kelmoqchisan?

HARAKAT QIL: Bir paket pishiriq sotib olgin. Uni iste’mol qilayotgan paytingda ushbu oyatni eslagin: “Sabr-toqatli bo‘lib, Xudoning irodasini bajaringlar. Shunda Xudoning va’dasiga erishasizlar” (Ibroniylar 10:36).

IBODAT: “Rabbim, shaytonning nayranglari va vasvasaga qarshi “yo‘q” deb aytishim uchun yordam ber. To‘g‘ri ishlar uchun mukofot ulug‘ bo‘lishi va uzoq davom etishini ko‘rishim uchun menga yordam ber”.


O‘smirlarning har kungi o‘qishlari uchun (Uzbek tilida kitob) To‘g‘ri qarorlar izlab (Josh Makdauell va Bob Xostetler)
YANVAR - FEVRAL - MART - APREL - MAY - IYUN - IYUL - AVGUST - SENTYABR - OKTYABR - NOYABR - DEKABR



Shu bobni eshitish:


AUDIOKITOB ►
butun kitobni tinglang

Kitoblar

Qaysi kitoblarni tinglashni istaysiz?
Qaysi kitoblarni tinglashni istaysiz?

docs.google.com/forms

Xush kelibsiz!

Яхши аудио Китоблар
Audiokitoblar Uzbek tilida


Kinolar va Multiklar
Kinolar Uzbek tilida


Audiokitob - Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd
Audiokitob Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd


Аудио Кутубхона
Audiokitob Uzbek tilida

Telegram bot: @audio_kito_bot
Kanal: @kitoblar_elektron_uz



Sharhlar

...ҳар куни — байрамнинг биринчи кунидан охирги кунигача Худонинг Таврот китобидан ўқиб берди...

...kunidan oxirgi kunigacha Xudoning Tavrot kitobidan o‘qib berdi...
Naximiyo 8:18



Yaxshi audio kitoblarni yuklab oling uzbek tilidagi

Дарбадар ўгилнинг қайтиши (Генри Нувен)    Худо жуда яқин келди (Макс Лукадо)    Эски Аҳд аёллари ҳақида вазлар (Чарлз Спержен)    Iso bizning taqdirimiz (Vilgelm Bush)    Сиз осмонда қилолмайдиган иш (Марк Кехилл)    Дарбадар ўғил (Чарлз Спержен)    Ҳомиладорлигим кундалиги (Вера Самарина)    Иброҳимнинг оиласи: парчаланган шажарани шифолаш (Дон Мак-Керри)    Зулматдаги нур (Доктор Джеймс ва Ширли Добсон)    Митти Тиллақўнғиз ва Серқуёш ўтлоқзор аҳолиси (Майя Огородникова)    Подшоҳнинг сири  (Урусла Марк)    Яна қароқчилар қўлидами? (Урусла Марк)    Қароқчиларникидай  эмас (Марк Урусла)    Эътиқод уфқлари (Георгий Винс)    (Биродар Андрей ва Алекс Янсен) Сирли масиҳийлар    Масиҳийлик таълимоти асослари (Роберт Спраул)    Ҳаёт бўронларига бардош беринг (Пол Эстебрукс)    Абадийликка ишонаман (Николай Ерофеевич Бойко)    Ўсмир ибодатининг кучи (Сторми Омартиан) kitob Uzbek tilida    Чегарасиз хает (Ник Вуйчич) kitob Uzbek tilida    Севимли инсоннинг ҳаёти (Генри Нувен) kitob Uzbek tilida    Довюраклар (Макс Лукадо) kitob Uzbek tilida    Бирга қилинган ибодатнинг қудрати (Сторми Омартиан) kitob Uzbek tilida    Хузур халоват амрлари (Джон Макартур) kitob Uzbek tilida    Саботли инсон (Джош Макдауелл) kitob Uzbek tilida    Shijoatkor (Nik Vuychich) kitob Uzbek tilida    Мақсад Сари Йўналтирилган Ҳаёт (Рик Уоррен) kitob Uzbek tilida    Чалғитиш номли душман (Джон Мэйсон) kitob Uzbek tilida    Мафтункор Гўзаллик (Джон ва Стейси Элдридж) kitob Uzbek tilida    Севги ва ҳурмат (Эмерсон Эггерих) kitob Uzbek tilida    Ayollar... (Nensi Demoss) kitob Uzbek tilida    Хакиат асоси (Джон Стотт) kitob Uzbek tilida    ИБОДАТГЎЙ АЁЛНИНГ КУЧИ (СТОРМИ ОМАРТИАН) kitob Uzbek tilida    ТЎҒРИ ҚАРОР (Джош ва Дотти Макдауэлл) kitob Uzbek tilida    Нега? (Филип Янси) kitob Uzbek tilida    Hayotdagi yetakchilik va ijodiy salohiyat (Rik Joyner) kitob Uzbek tilida    Ishayo 53 sharxlar (Mitch Gleyzer) kitob Uzbek tilida    Xudoga qay tarzda manzur bolish mumkin (Robert Charlz Spraul) kitob Uzbek tilida    Mukaddas ruxning siri (Robert Charlz Spraul) kitob Uzbek tilida    Ota-ona ibodatining kuchi (Stormi Omartian) kitob Uzbek tilida    Muhabbat tilsimi (Djosh Makdauell) kitob Uzbek tilida    Xudoning qalbiga mos erkak (Jim Jorj) kitob Uzbek tilida    Enaga yordamga shoshadi (Mishel Larou) kitob Uzbek tilida    Bolaning nazaridagi qahramon (Djosh Makdauell) kitob Uzbek tilida    G‘alamisning xati (Klayv Steyplz Lyuis) kitob Uzbek tilida    Dolzarb Savollarga Javoblar (James Paker) kitob Uzbek tilida    kitob Uzbek tilida    kitob Uzbek tilida    kitob Uzbek tilida    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Bolalar Audiokitob Uzbekcha    Bolalar kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Hamdu Sanolar Uzbekcha    Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musika



Kitobook – Kitoblar, AudioKitoblar: Инжил ва Muqaddas Kitob ва Инжил Каракалпак