IBTIDO

1–BOB - IBTIDO

 

Dunyoning yaratilishi

 

1Azalda Xudo osmon bilan yerni yaratdi. 2Yer hali shaklsiz va bo‘m-bo‘sh bo‘lib, tubsizlik uzra qorong‘ilik hukm surar edi. Xudoning Ruhi esa suv yuzida parvoz etar edi.

3Xudo: «Yorug‘lik bo‘lsin», – dedi va yorug‘lik paydo bo‘ldi. 4Xudo yorug‘likning yaxshi ekanini ko‘rib, uni qorong‘ilikdan ajratdi. 5Shunday qilib, Xudo yorug‘likni kunduz, qorong‘ilikni esa tun deb atadi. Kech bo‘ldi, erta bo‘ldi – bu birinchi kun edi.

6Yana Xudo: «Suvliklar o‘rtasida ularni bir-biridan ajratib turadigan gumbaz paydo bo‘lsin», – dedi. 7Shunday ham bo‘ldi. Xudo bir gumbazni vujudga keltirib, gumbaz ostidagi suvni gumbaz ustidagi suvdan ajratdi. 8Ushbu gumbazni esa Xudo osmon deb atadi. Kech bo‘ldi, erta bo‘ldi – bu ikkinchi kun edi.

9Yana Xudo: «Osmon ostidagi suv bir joyga to‘plansin, quruqlik ko‘rinsin», – dedi va shunday ham bo‘ldi. 10Xudo quruqlikni yer deb atadi, suvlarning jamini esa dengizlar deb atadi. Bularning ham Xudo yaxshi ekanini ko‘rdi.

11Yana Xudo: «Yer o‘simlik ko‘kartirsin: urug‘ beradigan o‘t-o‘lanlar, mevasida urug‘i bor turli-tuman mevali daraxtlar yer yuzida unib-o‘ssin», – dedi va shunday ham bo‘ldi. 12Yer turiga ko‘ra o‘simliklarni: urug‘ beradigan o‘t-o‘lanlar hamda mevasida urug‘i bor mevali daraxtlarni undirdi. Xudo bularning ham yaxshi ekanini ko‘rdi. 13Kech bo‘ldi, erta bo‘ldi – bu uchinchi kun edi.

14Yana Xudo: «Kunni tundan ajratish hamda fasllar, kunlar, yillarni belgilash uchun osmon gumbazida yoritqichlar paydo bo‘lsin. 15Bular yer yuzini yoritmoq uchun osmon gumbazida nur sochib tursin», – dedi va shunday ham bo‘ldi. 16Shunday qilib, Xudo ikkita katta yoritqichni: kunni boshqarish uchun kattaroq yoritqichni va tunni boshqarish uchun kichikroq yoritqichni, shuningdek, yulduzlarni ham vujudga keltirdi. 17-18Yer yuzini yoritib tursin va tun bilan kunni boshqarib, yorug‘likni qorong‘ilikdan ajratib tursin, deb Xudo bularni osmon gumbazida joylashtirdi. Bularning ham Xudo yaxshi ekanini ko‘rdi. 19Kech bo‘ldi, erta bo‘ldi – bu to‘rtinchi kun edi.

20Yana Xudo: «Suv to‘da-to‘da jonivorlar bilan qaynasin, yer ustidagi osmon gumbazi bo‘ylab qushlar uchsin», – dedi. 21Xudo haybatli dengiz ajdarlarini, suvda qaynaydigan turli-tuman mayda jonivorlarni hamda qush-parrandalarni yaratdi. Bularning ham Xudo yaxshi ekanini ko‘rdi. 22Xudo ularni muborak qilib: «Barakali bo‘linglar, ko‘payinglar, dengiz suvlarini to‘lg‘azinglar. Yer yuzida esa parranda ko‘paysin», – dedi. 23Kech bo‘ldi, erta bo‘ldi – bu beshinchi kun edi.

24Yana Xudo: «Yer turli-tuman tirik jonni: chorva, sudraluvchi hamda yovvoyi hayvon turlarini hosil qilsin», – dedi va shunday ham bo‘ldi. 25Xudo yerga xos turli-tuman yovvoyi hayvonlarni, chorvani, quruqlikda sudraluvchilarni vujudga keltirdi. Bularning ham Xudo yaxshi ekanini ko‘rdi.

26Yana Xudo: «O‘z suratimizga ko‘ra, O‘zimizga o‘xshash odamni yarataylik. U dengizdagi baliqlar, ko‘k yuzidagi parrandalar, chorvalar, ha, butun yer yuzi va yerda harakat qiluvchi barcha maxluqot ustidan hokimlik qilsin», – dedi. 27Shunday qilib, Xudo odamni O‘z suratida, ilohiy suratda yaratdi. Ularni erkak va xotin qilib yaratdi. 28Xudo odamlarni muborak qilib, ularga: «Barakali bo‘linglar, ko‘payinglar. Yer yuzini to‘lg‘azib tobe qilinglar. Dengizdagi baliqlar, ko‘k yuzidagi parrandalar hamda yer yuzida harakatlanuvchi barcha hayvonlar ustidan hokim bo‘linglar», – dedi.

29Xudo davom etib: «Mana, Men sizlarga butun yer yuzidagi urug‘ beradigan o‘t-o‘lanning va urug‘li meva beradigan daraxtning hammasini berdim; sizlarga ovqat uchun yaraydi. 30Shuningdek, tirik joni bo‘lgan butun yovvoyi hayvonlarga: ko‘k yuzida uchib yuruvchi barcha parrandalarga va yer yuzida harakat qiluvchi barcha maxluqlarga ham yemish uchun ko‘k o‘tning har turli navini berdim», – dedi va shunday ham bo‘ldi.

31Xudo butun yaratganlariga qarab, hammasining juda yaxshi ekanini ko‘rdi. Kech bo‘ldi, erta bo‘ldi – bu oltinchi kun edi.

 

2–BOB - IBTIDO

 

Yaratilishning yettinchi kuni

 

1Shu zaylda osmon bilan yer hamda ulardagi borliq mavjudot yaratilib bo‘ldi. 2Xudo O‘z faoliyatini yettinchi kunda tamomlab, u kunda barcha qilgan ishlaridan tindi. 3Xudo yettinchi kunni muborak va muqaddas qilib ayirdi, chunki ushbu kunda U O‘zining butun yaratish faoliyatidan tingan edi. 4Osmon bilan yerning yaratilish tarixi mana shudir.

 

Odam va jannat

 

Xudovandi Karim yeru osmonni bunyod etgan ediyu, 5lekin hali yerga yomg‘ir yog‘dirmagan va yerni ishlash uchun odam ham yaratmagan edi. Yer yuzida hech qanday dasht butasi va hech qanday dala giyohi ham o‘smagan edi. 6Faqat yerdan bug‘ ko‘tarilib, butun yer yuzini sug‘orib turar edi. 7O‘sha paytda Xudovandi Karim yerning tuprog‘idan odamni yasab, uning dimog‘iga hayot nafasini pufladi. Shu yo‘sinda odam tirik jon bo‘ldi.

8Xudovandi Karim sharq tomonda, Adan o‘lkasida bog‘ o‘tqazib, O‘zi yasagan odamni u yerga qo‘ydi. 9So‘ngra Xudovandi Karim ko‘zga yoqqan, yemoqqa yaxshi bo‘lgan har xil daraxtni yerdan o‘stirdi. Bog‘ning o‘rtasida esa hayot daraxtini, shu bilan birga yaxshi va yomonni bilish daraxtini ham o‘stirdi.

10Bog‘ni sug‘orish uchun bir daryo Adandan oqib chiqib, to‘rt irmoqqa bo‘linar edi. 11Bir irmoqning oti Pisho‘ndir. U oltin yeri bo‘lgan butun Havila diyorini aylanib oqadi. 12U diyorning oltini qimmatlidir. U yerda billur va aqiq toshi ham bor. 13Ikkinchi irmoqning oti Giho‘ndir. U butun Kush diyorini aylanib oqadi. 14Uchinchi irmoqning oti Dajladir. U Assiriyaning sharqiy yonidan oqib o‘tadi. To‘rtinchi irmoq esa Frotdir.

15Shunday qilib, Xudovandi Karim odamni Adan bog‘ini ishlab parvarish qilishi uchun u yerga joylashtirdi. 16Xudovandi Karim odamga buyurib dedi: «Sen bu bog‘ning har bir daraxtidan yeyavergin. 17Faqat yaxshi va yomonni bilish daraxtidan yema. Chunki undan yegan kuniyoq o‘lasan».

 

Momo Havoning yaratilishi

 

18Yana Xudovandi Karim: «Odamning yolg‘iz bo‘lishi yaxshi emas, endi unga munosib madadkor yarataman», – dedi. 19U tuproqdan har xil dasht hayvonini, ko‘kda uchuvchi har xil parrandani yasadi va ularga ot qo‘yish maqsadida odamning oldiga keltirdi. Odam esa har bir jonli maxluqqa ot qo‘ydi va o‘sha maxluqning oti shunday bo‘ldi. 20Odam hamma chorva tuyoqlariga, hamma osmon parrandalari va dasht hayvonlariga ot qo‘yib bo‘ldi, ammo odamga muvofiq madadkor topilmadi.

21Shunda Xudovandi Karim odamni qattiq uyquga mubtalo qildi. Odam uxlab qolgach, uning qovurg‘alaridan bittasini oldi va o‘rnini et bilan qopladi. 22Odamning qovurg‘asidan Xudovandi Karim bir xotin barpo qilib, uni odamning oldiga olib keldi. 23Shunda odam: «Mana, endi bu suyak mening suyaklarimdan, bu et mening etimdandir. U xotin kishi deb aytiladi, zeroki u er kishidan olingan», – dedi.

24Shuning uchun kishi ota-onasini qoldirib, o‘z xotiniga yopishib qoladi va ikkovi bir tan bo‘ladilar.

25Odam bilan xotini esa qip-yalang‘och bo‘lib, bir-biridan uyalmas edilar.

 

3–BOB - IBTIDO

 

Odam Ato va Momo Havoning gunoh qilishi

 

1Xudovandi Karim yaratgan barcha dasht hayvonlari orasida eng ayyori ilon edi. Ilon xotinga:

– Chindan ham Xudo, bog‘dagi hech bir daraxtning mevasidan yemanglar, deb aytdimikin? – dedi. 2Xotin ilonga dedi:

– Bog‘ daraxtlarining mevasidan yeya olamiz-u, 3Xudo faqat bog‘ning o‘rtasidagi daraxtning mevasini yemanglar, unga tegmanglar, bo‘lmasa o‘lasizlar, dedi.

4Ilon xotinga:

– Yo‘q, mutlaqo o‘lmaysizlar! 5Chunki Xudo biladiki, undan yegan kuniyoq ko‘zlaringiz ochilib qoladi va Xudo kabi yaxshi va yomonni biladigan bo‘lasizlar, – dedi.

6Xotin ko‘rsaki, daraxtning mevasi yemoqqa yaxshi, ko‘zga yoqimli hamda did-farosat topishga foydali ekan. U daraxtning mevasidan olib, yedi. So‘ng eriga ham berdi, eri ham yedi. 7Shu onda ikkovining ko‘zlari ochilib, yalang‘och ekanlarini payqadilar. Anjir barglarini bir-biriga tikib, o‘zlari uchun yopinchiqlar yasadilar.

8Kunning salqin shabadasi esgan vaqtda Odam va uning xotini bog‘da yurgan Xudovandi Karimning ovozini eshitib qolishdi. Ular Uning nazaridan qochib, bog‘dagi daraxtlar orasida yashirinishdi. 9Lekin Xudovandi Karim Odamga xitob qilib, so‘radi:

– Qayerdasan?

10– Men ovozingni bog‘da eshitdim-u, qip-yalang‘ochman deb qo‘rqib, yashirindim, – dedi Odam. 11Xudovand:

– Yalang‘och ekaningni senga kim aytdi? Yo Men yema deb buyurgan daraxt mevasidan yedingmi? – deya so‘radi. 12Odam:

– Sen bergan bu xotin daraxtning mevasidan menga berdi va men ham yedim, – dedi.

13Xudovandi Karim xotinga:

– Bu nima qilganing? – dedi.

– Ilon meni aldadi va men yedim, – dedi xotin.

 

Jannatdan quvilish

 

14Shunda Xudovandi Karim ilonga aytdi: «Bu qilgan ishing uchun sen hamma chorva tuyoqlari va hamma dasht hayvonlaridan ko‘ra la’natisan. Umring bo‘yi qorning bilan yurib, tuproq yeysan. 15Sen bilan xotin orasiga, sening zoting bilan uning zoti orasiga adovat solaman. O‘sha zot sening boshingni ezib tashlaydi, sen esa uning tovonini chaqasan».

16Keyin xotinga dedi: «Sening homiladorlik paytidagi mashaqqatingni bag‘oyat orttiraman. Sen dard bilan farzandlar tug‘asan. Ishtiyoqing eringga bo‘ladi, u esa senga hokim bo‘ladi».

17Keyin Odamga dedi: «Sen xotiningning gapiga quloq solding, Men yema deb buyurgan daraxt mevasidan yeding. Endi sen sababli yer la’natidir. Umring bo‘yi mashaqqat chekib, yer undirgan hosildan yeysan. 18Yer senga tikanu yantoq o‘stiradi, sen esa dasht o‘tini yeb yurasan. 19Sen yerdan olingansan va yerga qaytguningga qadar peshana teri bilan non yeb yurasan. Zero tuproqdirsan va tuproqqa qaytarsan».

20Shundan so‘ng Odam xotinining ismini Havo (ya’ni Barhayot) qo‘ydi, chunki u hamma hayot egalarining onasi bo‘ldi.

21Xudovandi Karim Odam va uning xotini uchun teridan kiyim yasab, ularni kiyintirdi. 22«Mana, odamzod yaxshi va yomonni farqlashda xuddi Bizday bo‘lib qoldi! – dedi Xudovandi Karim. – Endi, tag‘in qo‘lini cho‘zib, hayot daraxti mevasidan ham olmasin, uni yeb abadiy yashamasin!»

23Shu bilan Xudovandi Karim, o‘zi chiqqan yerni ishlasin, deb odamzodni Adan bog‘idan chiqarib yubordi. 24U odamzodni haydab yubordi-da, hayot daraxtiga boradigan yo‘lni qo‘riqlash uchun Adan bog‘ining sharqiy tomoniga karublarni va aylanadigan alangali qilichni qo‘ydi.

 

4–BOB - IBTIDO

 

Hobil bilan Qobil

 

1Odam xotini Havoga yaqinlashgach, u homilador bo‘lib Qobilni tug‘di. Havo: «Xudovand bergan qobillik bilan bir kishini qo‘lga kiritdim», – dedi. 2Keyinroq uning ukasi Hobilni tug‘di. Hobil qo‘ychivon, Qobil esa dehqon bo‘ldi.

3Bir muddatdan keyin Qobil yerning mahsulidan Xudovandga hadya taqdim etdi. 4Hobil ham qo‘ylarining kattasidan qurbonlik so‘yib, uning dumbasini taqdim etdi. Xudovand Hobilni va uning hadyasini manzur ko‘rdi. 5Ammo Qobilni va uning hadyasini manzur ko‘rmadi. Shunda Qobil qattiq ranjib, qovog‘ini soldi.

6Xudovand Qobilga:

– Nima uchun sen ranjiding? Nega qovoq solib o‘tiribsan? 7Agar yaxshilikni niyat qilganingda, unda bosh ko‘tarib yurmasmiding? Agar niyating yaxshi bo‘lmasa, ostonada gunoh poylab turib, seni o‘ziga jalb qiladi. Sen esa, aksincha, unga hokim bo‘l! – dedi.

8Qobil ukasi Hobil bilan so‘zlashib oldi. Ular dashtda bo‘lgan vaqtda Qobil ukasi Hobilga qarshi qo‘l ko‘tarib uni o‘ldirdi.

9Xudovand Qobildan so‘radi:

– Ukang Hobil qayerda?

– Bilmayman, men ukamning soqchisimi? – dedi Qobil.
10Xudovand:

– Sen nima ish qilib qo‘yding? Ukangning qoni tuproqdan Menga qarab faryod etmoqda. 11Endi o‘zingning dastingdan og‘zini ochib ukangning qonini yutib qo‘ygan tuproqdan quvilib, la’nati bo‘lgaysan. 12Yerga ishlov berganingda ham, u o‘z quvvatini boshqa senga bermas. Yer yuzida sarson-sargardon bo‘lgaysan, – dedi. 13Qobil Xudovandga:

– Mening jazoyim ko‘tara oladiganimdan ham kattadir. 14Agar Sen meni bugun bu tuproqdan haydasang, endi Sening huzuringdan yashirinib yuraman, jahonda sarson-sargardon bo‘laman. Har bir yo‘liqqan jonzod meni o‘ldirib yuborar, – dedi. 15Xudovand Qobilga:

– Agar kimki Qobilni o‘ldirsa, undan yetti karra o‘ch olinar, – dedi-yu, Qobilni har bir yo‘liqqan urmasligi uchun unga bir nishona qo‘ydi. 16Shunday qilib, Qobil Xudovand huzuridan chiqib ketdi-da, Adanning sharqiy tomonidagi No‘d yerida o‘rnashdi.

 

Qobilning nasl-nasabi

 

17Qobil xotiniga yaqinlashgach, u homilador bo‘lib Hano‘xni tug‘di. Qobil shahar binokori bo‘ldi. Qurgan shahrini esa o‘g‘lining nomi bilan Hano‘x deb atadi. 18Hano‘xdan Erod tug‘ildi. Eroddan Mahuyo’il tug‘ildi. Mahuyo’ildan Matushoil tug‘ildi. Matushoildan esa Lamak tug‘ildi.

19Lamak ikki xotin oldi: birining ismi Ada, ikkinchisining ismi Silla edi. 20Ada Yovolni tug‘di. Yovol chodirda yashovchi chorvadorlarning otasi bo‘ldi. 21Ukasining ismi Yuvol edi. U hamma g‘ijjak va nay chaluvchilarning otasi bo‘ldi. 22Silla Tuvol-Qayinni tug‘di. Bu har xil mis va temir qurollarni yasovchilarning otasi bo‘ldi. Tuvol-Qayinning singlisi esa Naoma edi.

23Lamak o‘z xotinlariga dedi:

«Ey Ada va Silla,

Mening gapimni tinglangiz!

So‘zlarimga quloq solingiz,

Ey Lamak xotinlari!

Meni yarador qilishsa, bir kishini,

Shikastlantirishsa, bir bolani o‘ldirurman.

24Agar Qobil uchun yetti karra o‘ch olinsa,

Lamak uchun yetmish yetti karra o‘ch olinur!»

 

Shit alayhissalomning tug‘ilishi

 

25Odam yana o‘z xotiniga yaqinlashdi. U esa bir o‘g‘il tug‘ib: «Qobil o‘ldirgan Hobil evaziga Xudo menga boshqa zurriyot berdi», – dedi va uning ismini Shit (ya’ni Evaz) qo‘ydi. 26Shit ham bir o‘g‘il ko‘rdi, ismini Eno‘sh (ya’ni Inson) qo‘ydi.

O‘sha paytda insonlar Xudovandning ismini chaqira boshladilar.

 

5–BOB - IBTIDO

 

Yaratilishdan to‘fongacha o‘tgan o‘n avlod

 

1Bu Odam avlodlarining kitobidir:

Xudo Odamni yaratgan kunida unga ilohiy surat berdi. 2U odamlarni erkak va xotin qilib yaratdi. Ularni yaratgan kunining o‘zidayoq muborak qilib, ularga Odamzod nomini berdi.

3Odam bir yuz o‘ttiz yosh umr ko‘rgandan so‘ng, o‘ziga o‘xshagan, o‘zining suratidek bir o‘g‘il ko‘rdi. Uning ismini Shit qo‘ydi. 4Shit tug‘ilganidan keyin Odam yana sakkiz yuz yil yashab, ko‘p o‘g‘illar va qizlar ko‘rdi. 5Odam jami to‘qqiz yuz o‘ttiz yosh umr ko‘rib, o‘ldi.

6Shit bir yuz besh yoshida Eno‘shni dunyoga keltirdi. 7Eno‘sh tug‘ilganidan keyin Shit yana sakkiz yuz yetti yil yashab, ko‘p o‘g‘illar va qizlar ko‘rdi. 8Shit jami to‘qqiz yuz o‘n ikki yosh umr ko‘rib, o‘ldi.

9Eno‘sh to‘qson yoshida Qenanni dunyoga keltirdi. 10Qenan tug‘ilganidan keyin Eno‘sh yana sakkiz yuz o‘n besh yil yashab, ko‘p o‘g‘illar va qizlar ko‘rdi. 11Eno‘sh jami to‘qqiz yuz besh yosh umr ko‘rib, o‘ldi.

12Qenan yetmish yoshida Maholalil degan o‘G‘il ko‘rdi. 13Maholalil tug‘ilganidan keyin Qenan yana sakkiz yuz qirq yil yashab, ko‘p o‘g‘illar va qizlar ko‘rdi. 14Qenan jami to‘qqiz yuz o‘n yosh umr ko‘rib, o‘ldi.

15Maholalil oltmish besh yoshida Yoredni dunyoga keltirdi. 16Yored tug‘ilganidan keyin Maholalil yana sakkiz yuz o‘ttiz yil yashab, ko‘p o‘g‘illar va qizlar ko‘rdi. 17Maholalil jami sakkiz yuz to‘qson besh yosh umr ko‘rib, o‘ldi.

18Yored bir yuz oltmish ikki yoshida Hano‘xni dunyoga keltirdi. 19Hano‘x tug‘ilganidan keyin Yored yana sakkiz yuz yil yashab, ko‘p o‘g‘illar va qizlar ko‘rdi. 20Yored jami to‘qqiz yuz oltmish ikki yosh umr ko‘rib, o‘ldi.

21Hano‘x oltmish besh yoshida Matushalohni dunyoga keltirdi. 22Matushaloh tug‘ilganidan keyin Hano‘x yana uch yuz yil yashadi. U Xudo bilan yurib, ko‘p o‘g‘illar va qizlar ko‘rdi. 23Hano‘x jami uch yuz oltmish besh yosh umr ko‘rib, 24birdaniga yo‘q bo‘lib ketdi. U Xudo bilan yurar edi, Xudo esa uni olib ketdi.

25Matushaloh bir yuz sakson yetti yoshida Lamakni dunyoga keltirdi. 26Lamak tug‘ilganidan keyin Matushaloh yana yetti yuz sakson ikki yil yashab, ko‘p o‘g‘illar va qizlar ko‘rdi. 27Matushaloh jami to‘qqiz yuz oltmish to‘qqiz yosh umr ko‘rib, o‘ldi.

28Lamak bir yuz sakson ikki yoshida bir o‘g‘il ko‘rdi. 29Lamak: «Xudovand la’nat etgan yerni ishlaganda qo‘llarimiz chekadigan mashaqqatlarga shu yupanchiq bo‘lsin», – deb, o‘g‘lining ismini Nuh (ya’ni Yupanchiq) qo‘ydi. 30Nuh tug‘ilganidan keyin Lamak yana besh yuz to‘qson besh yil yashab, ko‘p o‘g‘illar va qizlar ko‘rdi. 31Lamak jami yetti yuz yetmish yetti yosh umr ko‘rib, o‘ldi.

32Nuh besh yuz yoshga kirib, Som, Hom va Yofit degan o‘g‘illarni ko‘rdi.

 

6–BOB - IBTIDO

 

Odamzodning buzilishi

 

1Yer yuzida odamlar ko‘paya boshlab, ular uchun qizlar ham tug‘ildi. 2Ilohiy zotlar esa odamzod qizlarining juda yaxshiligini ko‘rib, istaganlarini xotinlikka oladigan bo‘ldilar. 3Shunda Xudovand: «Mening Ruhim odamzodda abadiy qolmas, zeroki u o‘tkinchi maxluqdir. Uning umri yuz yigirma yil bo‘ladi», – dedi.

4Ilohiy zotlar odamzod qizlari bilan aralashgandan so‘ng, ular uchun bola tug‘dilar. O‘sha zamonda va keyinroq ham yerda bahodirlar nasli bor edi. Bular qadim zamonning qahramonlari deb shuhrat topganlar.

5-6Yerda odamzodning yomonligi oshib borayotganini, ko‘nglidagi butun fikr-xayoli esa hamisha yomonlik ekanini Xudovand ko‘rib, uni yaratganidan o‘kindi, yuragi achishib ketdi. 7«O‘zim yaratgan odamzodni yer yuzidan qirib tashlayman, – dedi Xudovand. – Odamzoddan tortib hayvongacha, yerda qimirlovchidan tortib ko‘kdagi parrandagacha jamiki jonni qirib tashlayman. Endi ularni yaratganimdan o‘kinyapman».

 

Nuh payg‘ambar va kema

 

8Biroq Nuh Xudovandning iltifotiga sazovor bo‘lgan edi. 9Nuhning nasl-nasab tarixi shudir: Nuh solih kishi bo‘lib, o‘z qavmida benuqson turmush kechirar, Xudo bilan yurar edi. 10U Som, Hom va Yofit degan uch o‘g‘il ko‘rdi.

11O‘shanda yer zo‘ravonlikka to‘lib-toshgan, Xudoning ko‘zi oldida buzila borayotgan edi. 12Yerdagi har bir bashar o‘z yo‘lini buzib, yer razillashib borayotganini Xudo ko‘rdi-da, 13Nuhga xitob qilib dedi:

«Butun bashariyatning oxiri Mening ko‘z o‘ngimda turibdi, chunki ular dastidan yer zo‘ravonlikka to‘lib-toshmoqda. Endi Men ularni yer bilan birga yo‘q qilaman. 14Sen esa o‘zingga shamshod yog‘ochidan kema yasagin. Kemani xona-xona qilib, ichkaridan va tashqaridan qatronlagin. 15Kemaning uzunligi uch yuz gaz, kengligi ellik gaz, balandligi esa o‘ttiz gaz bo‘lsin. 16Kemada tuynuk ochib, ustini bir gaz yuqoriroqda tom bilan yopib qo‘ygin. Kemaning eshigini uning yon tomonida joylashtirgin. Kemani pastki, o‘rta va yuqori qavatli qilib qurgin. 17Men yer yuzini to‘fon bilan bostirib, falak ostida hayot ruhiga ega bo‘lgan hamma maxluqlarni mahv etaman. Yerda yashovchi borliq mavjudot halok bo‘ladi. 18Men faqat sen bilan ahd tuzib, shunday shart qo‘yaman: sen bilan o‘g‘illaring, xotining va kelinlaring kemaga kirib qutulasizlar. 19Shuningdek, sen bilan tirik qolishlari uchun hamma jonzodlardan kemaga kirgizgin: har bir maxluqning erkak va urg‘ochi jinsidan ikkitadan olib kirgizgin. 20Parranda, chorva, yerda qimirlovchi jonivorlarning hammasidan ikkitadan sen bilan borsin va tirik qolsinlar. 21Bundan tashqari, yeyiladigan har xil oziq-ovqatdan ham yetarli g‘amlab olgin. U sen va jonivorlar uchun yemish bo‘lsin», – dedi.

22Xudo nimaiki buyurgan bo‘lsa, Nuh hammasini xuddi shunday bajo keltirdi.

 

7–BOB - IBTIDO

 

To‘fon

 

1Xudovand Nuhga: «Sen butun xonadoning bilan kemaga kiringlar. Chunki bu nasl orasidan Mening nazarimda solih bo‘lgan yolg‘iz seni topdim, – dedi. 2– Halol bo‘lgan har bir chorva tuyog‘ining erkak va urg‘ochi jinsidan yettitadan, harom bo‘lgan chorvaning erkak va urg‘ochi jinsidan esa ikkitadan olib, o‘zing bilan kemaga kirgizgin. 3Osmondagi parrandalarning ham erkak va urg‘ochi jinsidan yettitadan olib kirgizgin, toki butun yer yuzida yashovchi har xil jonivorlardan tirik qolganlar bo‘lsin. 4Chunki yetti kundan keyin Men yerga qirq kechayu qirq kunduz davom etadigan yomg‘ir yog‘diraman. O‘zim bunyod etgan barcha mavjudotni yer yuzidan qirib tashlayman».

5Nuh esa Xudovand buyurgan hamma narsani bajo keltirdi.

6Nuh olti yuz yoshda bo‘lganda, yer yuzini to‘fon suvlari bosdi. 7Nuh va uning o‘g‘illari, xotini, kelinlari u bilan birga to‘fondan qochib, kemaga kirdilar. 8-9Xudo Nuhga buyurganidek, halol hamda harom chorva tuyoqlarining, parrandalar va barcha yerda qimirlovchi hayvonlarning erkak va urg‘ochi jinsidan juft-juft bo‘lib Nuhning oldiga kemaga kirdilar. 10O‘sha yetti kun o‘tgandan so‘ng yer yuzini to‘fon suvlari bosdi.

11Nuh umrining olti yuzinchi yili, ikkinchi oyining naq o‘n yettinchi kunida ulkan tubsizlik buloqlari bari qaynay boshlab, osmon qopqalari ochilib ketdi. 12Ketidan yer yuziga qirq kechayu qirq kunduz yomg‘ir yog‘di.

13Ana shu kunning o‘zida Nuh va uning o‘g‘illari Som, Hom va Yofit, Nuhning xotini bilan uchta kelini hammasi birga kemaga kirdilar. 14Ular bilan birga barcha yovvoyi hayvon, chorva va yerda qimirlovchi mayda jonivorlar turlari, shuningdek, barcha parranda turlaridan xilma-xil patli qushlar kemaga kirdilar. 15Hayot ruhiga ega bo‘lgan har bir maxluqdan juft-juft bo‘lib Nuhning oldiga, kemaga kirdilar. 16Xudo Nuhga buyurganidek, kemaga kirgan har bir maxluqning erkak va urg‘ochi jinsidan bor edi. Oxirida Xudovand Nuhning ketidan eshikni yopib qo‘ydi.

17Qirq kun davomida yer yuzini to‘fon bosdi, suvlar toshib, kemani yerdan yuqoriga ko‘tardi. 18Yer yuzini bosayotgan suv toshqini tobora kuchayib borar ekan, kema suv yuzida suzib yurar edi. 19Yer yuzidagi suv toshqini behad kuchayib, osmonu falak ostidagi baland tog‘larning hammasini qoplab oldi. 20Suv toshqini tog‘u tepalikdan o‘n besh gaz yuqoriroq ko‘tarilib, hamma yoqni ko‘mib tashladi. 21Yer yuzida harakat qiluvchi har bir maxluq – parranda ham, chorva ham, yovvoyi hayvonlar ham, yerda qimirlovchi mayda jonivorlar ham, odamlar ham birdan halok bo‘ldilar. 22Quruqlikda yashovchi dimog‘ida hayot nafasi bor bo‘lgan har bir jonzod o‘lib ketdi. 23Yerda bor bo‘lgan butun mavjudot qirildi. Odamdan tortib chorvagacha, yerda qimirlovchi maxluqdan tortib ko‘kda uchuvchi qushgacha bari yer yuzidan qirildi. Faqat Nuh va u bilan birga kemada bo‘lganlar tirik qoldilar. 24Yer yuzidagi suv toshqini esa bir yuz ellik kun davom etdi.

 

8–BOB - IBTIDO

 

To‘fondan qutulish

 

1Nuh va u bilan birga kema ichida bo‘lgan yovvoyi hayvonlar va chorvaning hammasi Xudoning xotirida bo‘lib, U yer yuzi ustidan shamol estirdi. Shundan so‘ng suvlar pasaya boshladi. 2Tubsizlik buloqlari tugab, osmon qopqalari yopilib, yog‘ayotgan yomg‘ir tinib qoldi. 3Suv bora-bora yer yuzidan qaytib, bir yuz ellik kun o‘tgandan so‘ng kamayib ketdi. 4Yettinchi oyning o‘n yettinchi kunida kema Ararat tog‘ligi ustiga kelib to‘xtab qoldi. 5Suv o‘ninchi oygacha kamayib bordi. Nihoyat o‘ninchi oyning birinchi kunida tog‘ cho‘qqilari ko‘rindi.

6Tag‘in qirq kun o‘tgandan keyin, Nuh qurgan kemasining darchasini ochib, 7quzg‘unni chiqarib yubordi. Quzg‘un esa yer ustidagi suv qurimaguncha, tashqariga uchib ketib va qaytib kelib turar edi.

8Yana Nuh endi yer yuzidan suv tushgan-tushmaganini ko‘rmoqchi bo‘lib, oldidan kaptarni chiqarib yubordi. 9Ammo kaptar oyoq qo‘yadigan qo‘nolg‘a topolmay, yana Nuhning yoniga, kemaga qaytib keldi. Chunki hali butun yer yuzi suv bilan qoplangan edi. Nuh qo‘lini cho‘zib, kaptarni oldi va o‘z yoniga, kemaga kirgizdi.

10Yetti kun sabr qilib, Nuh tag‘in kaptarni kemadan chiqarib yubordi. 11Oqshom vaqti kaptar uning yoniga qaytib kelganida, tumshug‘ida yangi yulingan zaytun bargi bor edi. Endi Nuh yer yuzidan suv pasayib qolganini bildi.

12Nuh yana yetti kun sabr qilib, kaptarni boshqatdan chiqarib yubordi. Bu gal esa kaptar uning oldiga qaytib kelmadi. 13Nuh umrining olti yuz birinchi yili, birinchi oyining birinchi kunida yerni qoplagan suv qurib ketgan edi. Nuh kemaning qopqog‘ini ko‘tarib qarab, yer yuzining endi quruq bo‘lganini ko‘rdi. 14Ikkinchi oyning yigirma yettinchi kunida yer qoq quruq bo‘ldi.

 

Nuhning qurboni, Xudoning va’dasi

 

15Xudo Nuhga xitob qilib: 16«Sen xotining, o‘g‘illaring va kelinlaring bilan kemadan chiqib ketinglar! 17Sen bilan birga bo‘lgan hayvonlarning hammasini, parranda, chorva tuyoqlari, yerda harakat qiluvchi maxluqlar qancha bo‘lmasin, o‘zing bilan tashqariga chiqargin. Ular yer yuzida barakali bo‘lib ko‘paysin, yer bo‘ylab qaynab borishsin», – dedi.

18Shunda Nuh bilan o‘g‘illari, xotini va kelinlari tashqariga chiqdilar. 19Ular bilan barcha yovvoyi hayvonlar, mayda jonivorlar, parrandalar – yer yuzida harakat qiluvchi maxluqlar qancha bo‘lmasa-da, hammasi oila-oila bo‘lib kemadan chiqib ketdilar.

20So‘ngra Nuh Xudovand sha’niga qurbongoh qurdi. Har bir halol chorvadan, har bir halol parrandadan olib, qurbongoh ustida so‘yib kuydirdi.

21Xudovand qurbonlik tutunining xush hidini iskab, O‘z ko‘nglida dedi: «Men yerni odamzod tufayli boshqa la’natlamayman. Zeroki odamzod ko‘nglidagi fikr-xayol yoshligidanoq buzuqdir. Men avval qilganimdek, endi boshqa hamma jonivorlarni urib nobud qilmayman. 22Bundan keyin yer bor ekan, ekin-tikin, o‘rim-yig‘im, sovuq bilan issiq, yoz bilan qish, kun bilan tun tugamaydi».

 

9–BOB - IBTIDO

 

Xudoning Nuh bilan qilgan ahdi

 

1Xudo Nuh bilan o‘g‘illarini muborak qilib, dedi: «Barakali bo‘lib ko‘payinglar, yer yuzini to‘lg‘azinglar. 2Yerdagi hamma hayvonlar, osmondagi barcha parrandalar, butun yer yuzida harakat qiluvchi maxluqlar va butun dengizdagi baliqlar sizlardan qo‘rqib, dahshatga tushadilar. Ana, ular qo‘lingizga topshirilgan. 3Yashayotgan har bir jonivor sizlar uchun yemish bo‘ladi; ko‘k o‘t kabi bularning hammasini ham sizlarga berdim. 4Faqat etni o‘z joni, ya’ni qoni bilan yemanglar. 5Ayniqsa sizning joningizni olgandan Men xun talab qilaman. Odam jonini olgan har bir hayvondan, shuningdek, o‘z qon-qardoshining jonini olgan har bir odamdan Men xun talab qilaman. 6Kim odam qonini to‘ksa, uning qoni odam qo‘li bilan to‘kilur. Zero odam Xudo suratida yaratilgandir. 7Sizlar barakali bo‘lib ko‘payinglar, yer yuzida tarqalib, ko‘payib boringlar».

8Yana Xudo Nuh bilan o‘g‘illariga dedi: 9«Men sizlar bilan va sizlardan keyingi nasllar bilan ahd-paymon qilaman. 10Shuningdek, sizlar bilan bo‘lgan parranda, chorva, har bir tirik jon bilan, ya’ni kemadan chiqib, orangizda yashayotgan yerning hamma hayvonlari bilan ahd-paymon qilaman. 11Sizlar bilan qilayotgan ahdim ana shu mazmunda: endi hech qachon to‘fon suvlari bilan butun maxluqot qirilmaydi, endi hech qachon yerni xarob qiluvchi to‘fon yuz bermaydi».

12Xudo tag‘in dedi: «Mening sizlar bilan hamda sizlardagi har bir tirik jon bilan qilayotgan, nasldan-naslga abadiy o‘tadigan ahdimning alomati shu: 13O‘zim bilan yer orasidagi ahdimning alomati sifatida Men bulutlarda yoyimni paydo qilaman. 14Bundan buyon yer yuziga bulut tortganimda, bulutlarda Mening yoyim namoyon bo‘ladi. 15Sizlar bilan va barcha maxluqlar bilan, har bir tirik jon bilan qilgan ahdimni Men eslab turib, butun maxluqotni yo‘q qiladigan to‘fon toshqiniga ortiq yo‘l bermayman. 16Men bulutlarda yoy paydo bo‘lganini ko‘rganim sayin, O‘zim ila yerdagi butun maxluqot – har bir tirik jon orasidagi abadiy ahdni xotirda tutaman».

17Xudo yana bir bor Nuhga: «Mening yerdagi har bir maxluq bilan qilgan ahdimning alomati ana shu bo‘ladi», – dedi.

 

Nuhning o‘g‘illariga qilgan vasiyati

 

18Nuhning kemadan chiqqan o‘g‘illari – Som, Hom va Yofit edilar. Hom Kan’onning otasi bo‘ldi. 19Nuhning bu uchala o‘g‘lidan odamzod tarqab, butun yer yuzi bo‘ylab o‘rnashdi.

20Nuh yer haydab, dastlabki tokzorni o‘tqazdi. 21U o‘zi qilgan sharobdan ichib mast bo‘lib, chodirida yalang‘och yotgan edi. 22Kan’onning otasi Hom o‘z otasining yalang‘och yotganini ko‘rdi-da, tashqariga chiqib, aka-ukasiga so‘zlab berdi. 23Shunda Som va Yofit ikkovlon choponni yelkasiga tashlab olishdi-da, orqasi bilan yurib borib, yalang‘och otalarini yopib qo‘yishdi. Yuzlarini boshqa tomonga burib, uning yalang‘ochligini ko‘rishmadi.

24Nuh mastlikdan keyin o‘ziga kelgach, kenja o‘g‘li unga nima qilganini anglab:

25«Kan’on la’nati bo‘lsin!

Og‘a-inilariga qullarning quli bo‘lsin!»
– dedi. 26Va so‘ngra yana dedi:

«Somning Tangrisi Xudovandga sanolar!

Kan’on Somga qul bo‘lsin!

27Xudo Yofitni fotih qilsin,

Som chodirlarini unga bersin,

Kan’on unga qul bo‘lsin!»

28Nuh to‘fondan so‘ng yana uch yuz ellik yil yashadi. 29Nuh jami bo‘lib to‘qqiz yuz ellik yosh umr ko‘rib, o‘ldi.

 

10–BOB - IBTIDO

 

Nuhdan tarqalgan dunyo xalqlari

 

1Nuh o‘g‘illari – Som, Hom va Yofitning nasl-nasab tarixi quyidadir. To‘fondan keyin ulardan shu avlodlar kelib chiqdi:

 

Yofitlar avlodi

 

2Yofitning o‘g‘illari: Go‘mer, Ma’juj, Moday, Yovon, Tuvol, Mashak va Tiros.

3Go‘merning o‘g‘illari: Ashkanoz, Rifat va To‘garma.

4Yovonning o‘g‘illari: Elisha va Tarshish, Kittim va Do‘donim. 5Bulardan dengiz sohilida yashovchi xalqlar tarqalib, har biri o‘z elati, o‘z xalqi va tili bo‘yicha joylashgan.

 

Homlar avlodi

 

6Homning o‘g‘illari: Kush, Misr, Put va Kan’on.

7Kushning o‘g‘illari: Sabo, Havila, Savta, Ra’ma va Savtaxa.

Ra’maning o‘g‘illari: Shabo va Dedon.

8Kush yana Nimro‘d degan o‘g‘il ko‘rdi. Nimro‘d jahon qahramonlarining birinchisi edi. 9U Xudovand oldida ov botiri deb shon qozondi. Shu sababli el orasida: «Xudovand oldida Nimro‘d kabi botir ovchi», degan so‘z aytiladigan bo‘ldi. 10Nimro‘d dastavval Vaviloniya mamlakatidagi Bobil, Erex, Akkad va Kalne shaharlari ustidan o‘z hokimiyatini o‘rnatdi. 11O‘sha mamlakatdan Assiriyaga ko‘chib, Nineviya, Rahovot-Ir va Kelah shaharlarini bino qildi. 12Nineviya bilan Kelah orasida Rasan shahrini ham qurdi; u Buyuk Shahar deb ham aytiladi.

13Misrdan ludiy, anamiy, lahobiy, naftuhiy, 14patro‘siy, shuningdek, filistiy xalqiga asos bo‘lgan kasluhiy va kafto‘riy xalqlari kelib chiqqan.

15Kan’ondan to‘ng‘ichi Sido‘n hamda Het bino bo‘lgan. 16Yana Kan’ondan yabusiy, amo‘riy, girgoshiy, 17hivviy, arqiy, siniy, 18arvodiy, samoriy va hamotiy xalqlari kelib chiqqan. Keyinroq Kan’on qabilalari tarqalib, 19ular yashaydigan makon chegarasi Sido‘ndan Garor va G‘azagacha, yana bu yerdan Sado‘m, G‘amo‘ra, Adma, Sabo‘yim va Lesha shaharlarigacha borar edi.

20Bularning har biri o‘z elati, o‘z xalqi va tili bo‘yicha o‘lkasiga ega bo‘lgan Hom farzandlaridir.

 

Somiylar avlodi

 

21Yofitning akasi Som ham farzandlar ko‘rdi; u barcha Ibr farzandlarining otasi bo‘ldi.

22Somning o‘g‘illari: Elam, Assur, Arpaxshod, Lud va Aram.

23Aramning o‘g‘illari: Us, Hul, Gatar va Mash.

24Arpaxshod esa Shaloh, Shaloh esa Ibr degan o‘g‘illar ko‘rdilar.

25Ibr ikki o‘g‘ilni ko‘rdi: to‘ng‘ichi ayyomida dunyo bo‘lingani uchun, uning otini Falaj (ya’ni Bo‘linish) qo‘ydi; kenjasining ismi esa Yo‘qton edi.

26Yo‘qtonning o‘g‘illari: Almo‘dod, Shalaf va Hosarmavt, Yorah, 27Hado‘rom, Uzol, Diqlo, 28O‘vol, Abumoil, Shabo, 29O‘fir, Havila va Yo‘bob edilar. Bularning bari Yo‘qton farzandlari edi. 30Ular Mesho bilan Sefor oralig‘idagi Sharq tog‘ligida o‘rnashganlar.

31Mana shularning har biri o‘z elati, o‘z xalqi va tili bo‘yicha o‘lkasiga ega bo‘lgan Som farzandlaridir.

32Bularning hammasi Nuh nasl-nasabi sifatida o‘z elati, o‘z qabilasini tashkil etgan. To‘fondan so‘ng bulardan bir necha xalqlar bo‘linib, butun yer yuziga tarqalib ketgan.

 

11–BOB - IBTIDO

 

Bobil minorasi va tillarning chatishuvi

 

1Butun jahonning tili bir, nutqi bir bo‘lgan vaqtlar edi. 2Odamlar Sharq tomon ko‘chib ketayotgan edilar. Bobil mamlakatida bir tekislik topib, u yerda o‘rnashdilar.

3Odamlar bir-biroviga: «Keling, g‘isht quyib xumdonda yaxshilab pishiramiz», – deb aytishdi. Shundan so‘ng tosh o‘rniga g‘isht, gil o‘rniga qatron ishlatadigan bo‘lishdi. 4Ular: «Keling, o‘zimizga shahar va boshi osmonga yetadigan minora bino qilaylik, butun yer yuziga tarqalib ketmaslik uchun o‘zimiz uchun nom chiqaraylik», – deyishdi.

5Odam farzandlari qurayotgan shahar va minorani ko‘rish uchun Xudovand osmondan tushdi. 6Xudovand: «Mana, hammasining millati bir, tili ham bir. Ular bu ishni boshlabdi-yu, endi xayolidagi allaqanday ishlarni ham qilishdan voz kechmaydilar. 7Qani endi pastga tushib, o‘sha yerdayoq ularning tilini aralashtirib yuboraylik, toki biri boshqasining so‘zini tushunmaydigan bo‘lib qolsin!» – dedi.

8Shunday qilib, Xudovand odamlarni u joydan butun yer yuziga tarqatib yubordi. Shundan so‘ng shaharni qurishni ham bas qilishdi. 9Shahar Bobil (ya’ni Aralashuv) deb atalib qoldi, chunki o‘sha yerda Xudovand butun jahonning tilini aralashtirib, odamlarni yer yuzi bo‘ylab tarqatib yuborgan edi.

 

Somdan Ibrohimgacha bo‘lgan nasllar

 

10Som avlodlari quyidagilardir:

To‘fondan ikki yil o‘tgandan so‘ng Som yuz yoshga kirdi va Arpaxshod ismli o‘g‘il ko‘rdi. 11Arpaxshod tug‘ilganidan keyin Som yana besh yuz yil yashab, ko‘p o‘g‘illar va qizlar ko‘rdi.

12Arpaxshod o‘ttiz besh yoshida Shaloh ismli o‘g‘il ko‘rdi. 13Shaloh tug‘ilganidan so‘ng Arpaxshod yana to‘rt yuz uch yil yashab, ko‘p o‘g‘illar va qizlar ko‘rdi.

14Shaloh o‘ttiz yoshida Ibr ismli o‘g‘il ko‘rdi. 15Ibr tug‘ilganidan keyin Shaloh yana to‘rt yuz uch yil yashab, ko‘p o‘g‘illar va qizlar ko‘rdi.

16Ibr o‘ttiz to‘rt yoshida Falaj ismli o‘g‘il ko‘rdi. 17Falaj tug‘ilganidan so‘ng Ibr yana to‘rt yuz o‘ttiz yil yashab, ko‘p o‘g‘illar va qizlar ko‘rdi.

18Falaj o‘ttiz yoshida Rag‘u ismli o‘g‘il ko‘rdi. 19Rag‘u tug‘ilganidan keyin Falaj yana ikki yuz to‘qqiz yil yashab, ko‘p o‘g‘illar va qizlar ko‘rdi.

20Rag‘u o‘ttiz ikki yoshida Sarug‘ ismli o‘g‘il ko‘rdi. 21Sarug‘ tug‘ilganidan so‘ng Rag‘u yana ikki yuz yetti yil yashab, ko‘p o‘g‘illar va qizlar ko‘rdi.

22Sarug‘ o‘ttiz yoshida Naho‘r ismli o‘g‘il ko‘rdi. 23Naho‘r tug‘ilganidan keyin Sarug‘ yana ikki yuz yil yashab, ko‘p o‘g‘illar va qizlar ko‘rdi.

24Naho‘r yigirma to‘qqiz yoshida Terah ismli o‘g‘il ko‘rdi. 25Terah tug‘ilganidan so‘ng Naho‘r yana yuz o‘n to‘qqiz yil yashab, ko‘p o‘g‘illar va qizlar ko‘rdi.

26Terah yetmish yil yashab, Ibrom, Naho‘r va Haron ismli o‘g‘illar ko‘rdi.

27Terah avlodlari quyidagilardir:

Terahdan Ibrom, Naho‘r va Haron tug‘ildi. Haron esa Lut ismli o‘g‘il ko‘rdi. 28Haron otasi Terah tirikligidayoq tug‘ilgan yeri – xaldeylarning Ur shahrida o‘ldi. 29Ibrom va Naho‘r uylandilar: Ibrom xotinining oti Soray edi, Naho‘r esa Haronning qizi va Iskoning singlisi Milkani oldi. 30Soray naslsiz bo‘lib, bola tug‘mas edi.

31Terah o‘g‘li Ibromni, o‘g‘li Harondan bo‘lgan nabirasi Lutni, Ibromning xotini bo‘lgan kelini Sorayni oldi va ular bilan birga xaldeylarning Ur shahridan chiqib, Kan’on mamlakatiga qarab jo‘nadi. Horon shahriga yetib kelib, o‘sha yerda o‘rnashdilar.

32Terah ikki yuz besh yil umr ko‘rib, Horon shahrida qazo qildi.

 

12–BOB - IBTIDO

 

Xudovandning Ibrohimni chaqirishi

 

1Xudovand Ibromga xitob qilib dedi: «O‘z yeringdan, ona yurtingdan, otang uyidan chiqib, Men senga ko‘rsatadigan yerga ket. 2Sendan buyuk xalq vujudga keltiraman. Seni tabarruk qilib, nomingni ulug‘layman. Sen barakali bo‘lgaysan. 3Seni duo qilganlarni Men duo qilaman, seni la’natlaganlarni Men la’natlayman. Yer yuzidagi barcha qabilalar sendan baraka topadilar».

4Ibrom, Xudovand buyurganidek, Horondan chiqib ketdi. Lut esa unga yo‘ldosh bo‘ldi. Ibrom Horondan chiqqanida yetmish besh yoshda edi. 5U xotini Sorayni, jiyani Lutni, orttirgan hamma mol-mulkini hamda Horonda xizmatga olgan odamlarni o‘zi bilan olib, Kan’on mamlakatiga qarab yo‘lga tushdi. Oxiri u yerga yetib borishdi. 6Ibrom mamlakat bo‘ylab kezib, Shakam shahriga, Mo‘re degan tabarruk daraxt turgan makonga keldi. O‘sha vaqtda bu yerda kan’oniylar yashar edi.

7Xudovand Ibromga zohir bo‘lib: «Men bu yerni sening zurriyotingga beraman», – dedi. Ibrom esa o‘sha yerda o‘ziga zohir bo‘lgan Xudovand sha’niga qurbongoh qurdi.

8U yerdan jo‘nab, Ibrom Baytil shahrining sharq tomonidagi tog‘lik joyga ko‘chib ketdi. G‘arb tomonga qaraganda Baytil, sharq tomonga qaraganda esa G‘ay ko‘rinib turadigan bir joyda chodir tikdi. O‘sha yerda yana Xudovand sha’niga qurbongoh qurib, Xudovand ismini chaqirdi.

9Keyin Ibrom o‘z yo‘lida davom etib, Janubistonga ketdi.

 

Ibrohim Misrda

 

10Shu orada mamlakatda qahatchilik yuz berdi. Ibrom musofir bo‘lib yashash uchun Misrga qarab ravona bo‘ldi, chunki mamlakatdagi qahatchilik haddan ziyod edi. 11Misrga yaqinlashayotgan vaqtda, Ibrom xotini Sorayga shunday dedi:

– Mana, men bilamanki, sen juda go‘zal xotinsan. 12Misrliklar seni ko‘rgach: «Bu uning xotinidir», deb meni o‘ldirib, seni tirik qoldiradilar. 13Endi o‘zingni uning singlisiman deb aytgin, toki sen orqali men yaxshilik topib, barhayot qolayin.

14Nihoyat Ibrom Misrga yetib kelganida, misrliklar uning xotini juda ham go‘zalligini ko‘rishdi. 15Fir’avnning amirlari ham ko‘rib, u haqda Fir’avnga madh etishdi. Fir’avn esa ayolni saroyiga olib keltirdi. 16U sababli Ibromga ham muruvvat qildi: unga qo‘yu sigirlar, eshaklar, qullar, cho‘rilar, xachirlar va tuyalar sovg‘a qildi. 17Ammo Xudovand Ibromning xotini Soray tufayli Fir’avn va uning saroy ahlini og‘ir kulfatlarga yo‘liqtirdi.

18Shunda Fir’avn Ibromni chaqirtib:

– Menga bu nima qilganing? Bu sening xotining ekanligini nega menga bildirmading? 19Nima uchun «Bu mening singlim» deding? Bo‘lmasa uni o‘zimga xotinlikka olmasdim-ku! Mana xotining, ol-da, ko‘zimdan yo‘qol! – dedi.

20So‘ng Fir’avn odamlariga farmon berdi. Ular Ibrom bilan xotinini o‘zlarining bor-yo‘q narsalari bilan birga uzatib qo‘yishdi.

 

13–BOB - IBTIDO

 

Ibrohim va Lutning ajralishi

 

1Shunday qilib, Ibrom o‘zi bilan xotini va Lutni hamda butun mol-mulklarini olib, Misrdan chiqdi va Janubistonga qaytib ketdi. 2Ibrom chorvaga, kumushu oltinga juda boy edi. 3U yana Janubistondan safarga chiqib, Baytilga yetguncha qo‘noqlab yo‘l yurdi. Baytil bilan G‘ay orasida joylashgan va ilgari o‘z chodirini tikkan makonga bordi. 4Ibrom dastlab qurbongoh qurgan o‘sha joyda Xudovand ismini chaqirdi.

5Ibromning yo‘ldoshi Lutda ham qo‘ylar, sigirlar va chodirlar bor edi. 6Nihoyat mamlakatga ikkovi birga sig‘may qoldi. Ularning mol-mulki juda ko‘payib, endi birga yashay olmas edilar. 7Bundan tashqari o‘sha vaqtda mamlakatda kan’oniylar va perizziylar yashar edi.

Ibrom bilan Lutning cho‘ponlari orasida janjal yuz berib qolgan bir paytda, 8Ibrom Lutga: «Zinhor bir-birimiz va molboqarlarimiz orasida janjal bo‘lmasin. Biz qarindoshmiz! – dedi. 9– Mana, butun mamlakat ko‘z o‘ngingda turibdi. Mendan ajralib, istagan tomoningga keta qol. Agar sen chap tomonga ketsang, unda men o‘ng tomonga boraman, agar o‘ng tomonga ketsang, unda men chap tomonga boraman».

10Lut atrofga bir qaragan edi, ko‘ziga keng O‘rdun uvasi ko‘rindi. Xudovand Sado‘m va G‘amo‘rani xarob qilishidan oldin bu uva to So‘arga borguncha juda sersuv edi, bamisoli Xudovandning jannatiday, Misr diyoriday edi. 11Shunday qilib, Lut o‘ziga butun O‘rdun uvasini tanladi. Ular bir-biridan ayrildilar. Lut sharq tomon harakat qildi, 12Ibrom esa Kan’on yurtida turaverdi. Lut uvadagi shaharlarda o‘rnashib, chodirlar qurib, Sado‘m yaqinlarigacha yetdi. 13Sado‘m odamlari esa o‘ta yovuz, Xudovand oldida juda gunohkor edilar.

14Lut Ibromdan ayrilganidan keyin, Xudovand Ibromga dedi: «Endi sen hozir turgan joyingdan shimolga, janubga, sharqqa va g‘arbga ko‘zingni tikkin. 15Ana, shu sen ko‘rib turgan mamlakatning hammasini Men senga va zurriyotingga abadiy beraman. 16Sening zurriyotingni yerning qumidek ko‘paytiraman. Agar biron kishi yerning qumini sanay olsa, sening zurriyotingni ham sanab bo‘ladi. 17Qani o‘rningdan tur, mamlakatni bu boshidan u boshigacha kezib chiq! Senga Men uni beraman».

18Shundan so‘ng Ibrom Hebro‘ndagi Mamre bolutzorida manzil qilib, chodirlarini ko‘chirib bordi. O‘sha joyda Xudovand sharafiga qurbongoh tikladi.

 

14–BOB - IBTIDO

 

Ibrohim Lutni asirlikdan qutqargani

 

1O‘sha zamonda Bobil podshohligida Amrafel, Ellasar podshohligida Ario‘x, Elam podshohligida Kado‘r-Loo‘mer va Go‘yim podshohligida Tid’ol hukmronlik qilardilar. 2Ular Sado‘m shohi Bera, G‘amo‘ra shohi Birsha, Adma shohi Shin’ob, Sabo‘yim shohi Shemavar va Bela (ya’ni So‘ar) shohi bilan urushga bordilar. 3Bu shohlar hammasi birlashib, Siddim vodiysi (ya’ni bugungi Tuz dengizi) tomon harakat qildilar. 4Ular o‘n ikki yil Kado‘r-Loo‘merga qaram bo‘lgan va o‘n uchinchi yilda esa isyon qilgan edilar.

5O‘n to‘rtinchi yilda Kado‘r-Loo‘mer va u bilan birlashgan podshohlar hujumga o‘tib, Ashtaro‘t-Qarnaym shahridagi rafoiylarni, Hom shahridagi zuziylarni va Qiryotaym tekisligida yashovchi emiylarni mag‘lubiyatga uchratdilar. 6Se’ir tog‘ligida yashovchi ho‘riylarni ham yengib, cho‘l chekkasidagi El-Poron shahrigacha quvib bordilar. 7U yerdan qaytib, Ayn-Mishpot (ya’ni Qadesh) shahriga bordilar, butun omoleqiylar yurtini olib, Hasaso‘n-Tomor shahrida yashovchi amo‘riylarni ham mag‘lubiyatga uchratdilar.

8Shu orada Sado‘m, G‘amo‘ra, Adma, Sabo‘yim va Bela (ya’ni So‘ar) shaharlarining shohlari Siddim vodiysida dushmanga qarshi saf tortib kutib turgan edilar. 9Ana shu beshta shoh to‘rtta podshoh – Elam podshohi Kado‘r-Loo‘mer, Go‘yim podshohi Tid’ol, Bobil podshohi Amrafel va Ellasar podshohi Ario‘xga qarshi jang qildilar.

10Siddim vodiysi o‘shanda qatron chuqurlari bilan to‘la edi. Sado‘m va G‘amo‘ra shohlari yengilib qochib ketishayotganda, bu chuqurlarga yiqilib ketdilar. Qutulib qolganlari esa tog‘larga qochib ketdilar. 11To‘rtala podshoh esa Sado‘m va G‘amo‘ra shaharlarining butun boylik va ozuqalarini talab ketdilar. 12O‘sha vaqtda Sado‘mda yashab turgan Ibromning jiyani Lutni ham asir olib, uning o‘zini va butun mol-mulkini olib ketdilar.

13Qochoqlardan biri ibroniy Ibromga borib, bo‘lgan voqealarni xabar qildi. Ibrom o‘sha vaqtda Eshko‘l va Onerning qarindoshi – amo‘riy Mamrening bolutzorida yashar, Mamrening qavmi esa uning ittifoqchilari edi. 14Ibrom jiyani asir olinganini eshitib, o‘zining uyida tug‘ilib tarbiyalangan uch yuz o‘n sakkiz erni qurollantirdi-da, podshohlarning ketidan quvib, Dan shahriga yetib bordi. 15Kechasi Ibrom va uning qullari bo‘linib, dushmanga hujum qilishdi va ularni tor-mor qilishdi. Ularning ketidan yana quvib, Damashq shahrining shimoliy tarafidagi Ho‘va yerigacha yetib kelishdi. 16U yerdan Ibrom o‘ljaga olingan butun mol-mulklarni qaytarib keldi. Jiyani Lutni va uning mol-mulki, xotinlari bilan qavm-qarindoshlarini ham qaytarib keldi.

 

Malkisidq Ibrohimni duo qilgani

 

17Ibrom Kado‘r-Loo‘mer va unga ittifoqdosh bo‘lgan podshohlarni tor-mor etib qaytib kelayotganida, Sado‘m shohi uni Shove tekisligida (ya’ni Shoh vodiysida) qarshilagani chiqdi.

18Xudoyi Taoloningruhoniysi bo‘lgan Salim shohi Malkisidq ham Ibromga non va sharob olib chiqdi. 19U Ibromni duo qilib, shunday dedi:

«Yeru ko‘kni yaratgan Xudoyi Taolo

Ibromni muborak qilgay!

20Yovlaringni qo‘lingga bergan Xudoyi Taolo

O‘zi muborak bo‘lgay!»
Ibrom esa Malkisidqqa har bir narsadan ushr berdi.

21Sado‘m shohi Ibromga:

– Odamlarni menga beru, mol-mulkni o‘zingga olgin, – dedi. 22Lekin Ibrom Sado‘m shohiga dedi:

– Men yeru ko‘kni yaratgan Xudovand, Tangri Taolo haqi ont ichib qo‘l ko‘taraman: 23Sening butun narsalaringdan, ipdan tortib choriq bog‘igacha biron narsa ham olmayman. Yana: «Men Ibromni davlatmand qildim», demagin. 24Yolg‘iz yigitlarning yeb-ichganlari va men bilan jangga borgan odamlar – Oner, Eshko‘l va Mamrening ulushi bunga kirmaydi, ular o‘z hissalarini olsinlar.

 

15–BOB - IBTIDO

 

Xudoning Ibrohim bilan qilgan ahdi

 

1Bu hodisalardan keyin Xudovand Ibromga vahiy orqali kalomini yuborib:

– Ey Ibrom, qo‘rqma, Men senga qalqonman. Sen uchun mukofot g‘oyat katta bo‘ladi, – dedi. 2Ibrom bunga javoban:

– Yo Xudoyo Xudovando! Sen menga nima berasan? Mana, men farzandsiz ketayotirman. Ro‘zg‘orimni esa menga o‘g‘illik qiladigan damashqlik Il’azar boshqaradi. 3Sen menga avlod bermaganingdan so‘ng, endi xonadonimda o‘g‘illik qiladigan mana shu qulboshim mening vorisim bo‘ladi, – dedi.

4Shunda Xudovand Ibromga kalomini yuborib:

– Yo‘q, bu sening vorising bo‘lmaydi, balki o‘z urug‘ingdan hosil bo‘lajak o‘g‘ling sening vorising bo‘ladi, – dedi.

5So‘ng Ibromni tashqariga chiqarib:

– Osmonga qarab yulduzlarni sanay olsang, sana, – dedi. Va qo‘shib: – Mana sening avloding ham shunchalik ko‘p bo‘ladi, – dedi.

6Ibrom esa Xudovandga ishondi va shu tariqa oqlandi.

7So‘ngra Xudovand Ibromga yana xitob qilib:

– Bu yerga ega bo‘lishing uchun Men, Xudovand, seni xaldeylarning Ur shahridan chiqarganman, – dedi. 8Ibrom so‘radi:

– Yo Xudoyo Xudovando! Bu yerga ega bo‘lishimni men qanday bilaman?

9Xudovand:

– Menga uch yoshli g‘unajin, uch yoshli echki, uch yoshli qo‘chqor va bitta musicha bilan kaptar jo‘jasini topib kel, – dedi.

10Ibrom esa bularning hammasini topib keldi. Qurbonliklarni ikki pora qilib, har qaysi bo‘lagini boshqa bo‘lagining qarshisiga qo‘ydi. Faqat qushlarni pora qilmadi. 11O‘laksalar ustiga kalxatlar qo‘na boshladi, Ibrom ularni hurkitib yubordi.

12Quyosh botish chog‘ida Ibromni qattiq uyqu bosdi. Shu paytda katta dahshatu zulmat uni chulg‘ab oldi. 13Xudovand Ibromga xitob qilib dedi:

– Shuni yaxshi bilib qo‘yginki, sening nasl-nasabing begona yurtda g‘ariblarcha yashab, qul bo‘ladilar, to‘rt yuz yil jabr-zulm ko‘radilar. 14Ammo ularni qul qilgan xalqni esa Men hukm etaman. Shundan so‘ng ular katta mol-mulk bilan u yerdan chiqib ketadilar. 15Sen nuroniy mo‘ysafid bo‘lib o‘lib, dafn etilajaksan va ota-bobolaring oldiga borajaksan. 16Amo‘riylarning gunohi haddidan oshmaguncha, sening nasl-nasabing bu yerga qaytib kelmas, faqat to‘rt avlod o‘tgandan keyin qaytib kelajaklar.

17Quyosh botib, qorong‘ilik cho‘kkan edi. Qo‘qqisdan tutab turgan bir tandir va alangalanayotgan bir mash’al ko‘rindi, bular qurbonlik parchalari orasidan o‘tdi. 18O‘sha kunning o‘zida Xudovand Ibrom bilan ahd qilib, dedi:

– Misr vodiysidan boshlab ulkan Frot daryosiga qadar bu yerning hammasini Men sening avlodingga beraman: 19qeniylar, qenizziylar, qadmo‘niylar, 20hetiylar, perizziylar, rafoiylar, 21amo‘riylar, kan’oniylar, girgoshiylar va yabusiylar yurtlarining hammasini sening avlodingga beraman.

 

16–BOB - IBTIDO

 

Hojar bilan Ismoil

 

1Ibromning xotini Soray bola tug‘mayotgan edi. Sorayning Hojar degan misrlik cho‘risi bor edi. 2Bir kuni Soray Ibromga:

– Mana, Xudovand meni tug‘ishdan ojiz qildi. Siz endi cho‘rimning yoniga kiravering, balki undan bolali bo‘larman, – dedi.

Ibrom Sorayning so‘ziga quloq soldi. 3Shunday qilib, ular Kan’on yurtida o‘rnashganlarining o‘ninchi yilida Ibromning xotini Soray o‘zining misrlik cho‘risi Hojarni eri Ibromga xotinlikka olib berdi. 4Ibrom Hojarning yoniga kirganidan keyin, u homilador bo‘ldi. Hojar homiladorligini payqagach, xonimini nazarga ilmay qo‘ydi.

5Soray Ibromga:

– Mening jafo chekishimga siz aybdor! Men cho‘rimni sizning qo‘yningizga solib qo‘ydim, u homilador ekanini bilgach, meni nazariga ilmay qo‘ydi. Bizning oramizda Xudovand Hokim! – dedi. 6Ibrom Sorayga:

– O‘z cho‘ring o‘z ixtiyoringda emasmi? Sen u bilan bilganingni qilaver, – dedi.

Soray esa cho‘risi Hojarga shunday ozor berdiki, Hojar Sorayning oldidan qochib ketdi. 7Nihoyat Xudovandning farishtasi cho‘ldagi bir chashma boshida, Shur yo‘lidagi buloq boshida Hojarni topib:

8– Ey Sorayning cho‘risi Hojar! Qaydan kelib, qayga borayotirsan? – dedi.

– Men xonimim Sorayning oldidan qochib kelayotirman, – dedi Hojar. 9Xudovandning farishtasi unga:

– Xoniming yoniga qayt va uning ozoriga chida, – dedi. 10So‘ng Xudovand farishtasi qo‘shib Hojarga:

– Sening avlodingni shu qadar ko‘paytiramanki, ko‘pligidan uni sanab bo‘lmaydi, – dedi.

11Xudovandning farishtasi uchinchi gal Hojarga gapirdi:

– Mana, sen homilador bo‘lding, endi bir o‘g‘il tug‘asan. Xudovand sening jafolaringga quloq solgani uchun, o‘g‘lingning ismini Ismoil (ya’ni Xudo eshitadi) deb qo‘yasan. 12U insonlar orasida asov eshakday bo‘lgay. Uning qo‘li hammaga qarshi, hammaning qo‘li ham unga qarshi ko‘tarilgay. U barcha qarindoshlari bilan qarama-qarshilikka borib turajak.

13Hojar:

– Meni ko‘rib turgan Tangrini men o‘z ko‘zim bilan ko‘rib, tirik qolibman, – dedi va o‘ziga gapirayotgan Xudovandni «Ko‘ruvchi Tangri» deb chaqirdi. 14Shuning uchun ham bu quduq «Barhayot Tangri ko‘zi» deb nom oldi. U Qadesh bilan Barad orasida joylashgan.

15Hojar Ibromga o‘g‘il tug‘ib berdi. Ibrom Hojar tuqqan o‘g‘ilning otini Ismoil qo‘ydi. 16Hojar Ibromga Ismoilni tug‘ib berganida, Ibrom sakson olti yoshda edi.

 

17–BOB - IBTIDO

 

Xudo bilan ahdlashish belgisi – xatna

 

1Ibrom to‘qson to‘qqiz yoshga kirgan edi. Xudovand unga zohir bo‘lib dedi: «Men Qodir Tangriman. Mening oldimda pokdil bo‘lib yurgin. 2Men sen bilan ahd-paymon qilaman, seni juda ham ko‘paytiraman».

3Ibrom yuz tuban yerga yiqildi. Xudo u bilan gaplashib dedi: 4«Men sen bilan ahd qilib, seni ko‘pdan-ko‘p xalqlarning otasi qilaman. 5Sening isming endi Ibrom emas, balki Ibrohim bo‘ladi; zero seni ko‘pdan-ko‘p xalqlarning otasi qilib tayinladim. 6Seni juda ham barakali qilib, sendan el-xalqlar vujudga keltiraman. Sening urug‘ingdan podshohlar kelib chiqadilar. 7Men sen bilan va sendan keyingi avlodlaring bilan nasldan-naslga o‘tib barqaror bo‘ladigan abadiy ahdimni tuzaman. Sening va sendan keyingi avlodlaringning Xudosi Men bo‘laman. 8Sen hozir musofirlarcha yashayotgan mamlakatni – butun Kan’on yerini senga va sendan keyingi avlodlaringga abadiy mulk qilib beraman. Ularning Xudosi Men bo‘laman».

9Xudo Ibrohimga yana dedi: «Endi sen va sendan keyin tug‘iladigan barcha avlodlaring ham Mening ahdimga rioya qilib yuringlar. 10Senga va sendan keyingi avlodlaringga quyidagi ahdga rioya qilishingizni buyuraman: orangizdagi har bir erkak xatna qilinsin. 11Sizlar a’zongiz uchidagi terini kestirib, sunnat bo‘linglar. Ana shu Men bilan sizlarning orangizdagi ahdning belgisi bo‘ladi. 12Bundan buyon naslingizdan tug‘iladigan har bir o‘g‘il bolangiz, shu jumladan uyda tug‘ilgan va begona urug‘dan bo‘lib, sotib olingan barcha o‘g‘il bolalar ham sakkiz kunligida xatna qilinsinlar. 13Xoh uyingizda tug‘ilsin, xoh sotib olinsin, so‘zsiz xatna qilinsinlar. Mening ahdim o‘z tanangizda muhrlangan abadiy ahd bo‘ladi. 14A’zosini kestirmay, sunnatsiz turavergan erkak esa o‘z qavmi orasidan yo‘q qilinsin. Bunday kishi Mening ahdimni buzgan hisoblanadi».

 

Xudoning Soroga bergan va’dasi

 

15Xudo Ibrohimga yana:

– Xotining Sorayni endi Soray deb chaqirma; uning ismi Soro (ya’ni Beka) bo‘lsin. 16Men uni barakali qilib, undan senga o‘g‘il ham beraman. Uni shunday barakali qilamanki, u el-xalqlarning onasi bo‘ladi. Undan hatto xalqlarning podshohlari tug‘iladilar, – dedi.

17Ibrohim buni eshitib, yuz tuban yerga yiqildi. «Nahotki yuz yoshga kirgan erkakdan bola bo‘lsa? Nahotki to‘qson yashar Soro bola tug‘sa?» – deb ko‘nglidan o‘tkazdi va kulib yubordi. 18So‘ng Ibrohim Xudoga:

– Koshki Ismoil Sening lutfu karaming ostida yashasa edi! – dedi. 19Xudo dedi:

– Xotining Soro senga o‘g‘il tug‘ib berishi muqarrar. Unga Is’hoq deb ism qo‘yasan. Undan keyingi avlod uchun ham abadiy ahd bo‘lsin, deb Men u bilan ahdlashmoqchiman. 20Biroq, Ismoil haqida aytgan so‘zingga ham quloq berdim. Men uni barakali qilaman va juda ham ko‘paytiraman. Undan o‘n ikki qabila yo‘lboshchisi kelib chiqadi. Men undan buyuk xalq vujudga keltiraman. 21Ammo O‘z ahdimni esa kelasi yil shu vaqtning o‘zida Soro senga tug‘ib beradigan Is’hoq orqali amalga oshiraman.

22Xudo Ibrohim bilan gapini tamomlab, uning oldidan yuqoriga ko‘tarildi. 23Ibrohim esa, Xudo unga buyurganidek, o‘sha kunning o‘zida o‘g‘li Ismoilni va uning xonadonida tug‘ilgan hamda sotib olingan butun erkaklarni xatna qildi. 24Ibrohim o‘zi xatna qilinganida to‘qson to‘qqiz yoshda edi. 25Uning o‘g‘li Ismoil xatna qilinganida o‘n uch yoshda edi. 26Ular ikkalasi o‘sha kunning o‘zida sunnat qilindilar. 27Shuningdek, Ibrohim bilan birga uning xonadonidagi barcha erkaklar – uyda tug‘ilganlar bilan begona urug‘dan sotib olinganlar ham barchasi xatna qilindilar.

 

18–BOB - IBTIDO

 

Ibrohimga o‘g‘il xabarlagan farishtalar

 

1Kunning jazirama issiq vaqtida Ibrohim chodirining eshigi oldida o‘tirgan edi. Birdaniga Xudovand Mamre bolutzori ichidan unga zohir bo‘ldi. 2Ibrohim bir qarab, ro‘parada uch kishi turganini ko‘rdi. Ibrohim ularni ko‘rishi bilanoq chodir eshigidan turib, ularni kutib olgani chopdi-da, yergacha egilgancha ta’zim qildi.

3– Hazratim, – dedi, – Agar mendan rozi bo‘lsang, bandangdan yuz o‘girib ketma. 4Bir oz suv keltirsin, oyoqlaringizni yuvinglar, shu daraxt tagida yonboshlab dam olinglar. 5Men bir luqma non olib kelay. Dilingizga quvvat kiritib, yana safarni davom ettirasizlar. Bandangiz tomon yo‘lingiz tushibdi, axir.

– Xo‘p, xuddi aytganingdek qilaver! – dedi ular.

6Ibrohim chodirga, Soroning yoniga shoshilib kirdi-da:

– Tez bo‘l, uch tog‘ora mayda un olib, xamir qil va patir yop, – dedi. 7So‘ng Ibrohim poda tomon chopdi-yu, bitta yaxshi, yosh buzoqni olib, xizmatchi yigitga berdi. Yigit esa darhol buzoqni so‘yib pishirishga qo‘l urdi. 8Shu orada Ibrohim sariyog‘ bilan sut keltirdi. Buzoq pishgach, uni ham mehmonlar oldiga qo‘ydi. Ular ovqatlanar ekanlar, Ibrohim daraxtning tagida hozir bo‘lib turardi. 9Ular Ibrohimdan so‘rashdi:

– Xotining Soro qayerda?

– Shu yerda, chodirda, – dedi Ibrohim. 10Ulardan Biri:

– Kelgusi yil shu vaqtda Men sening oldingga qaytib kelganimda, xotining Soroning bir o‘g‘li bo‘ladi, – dedi.

Soro esa Uning orqa tomonida, chodirning eshigi oldida gapni tinglab turardi. 11-12U bu gapni eshitib, ich-ichidan kulib yubordi. Chunki Ibrohim bilan Soro endi juda qarib qolishgan, umrlari oxirlab qolgan, Soroda xotinlarga xos xususiyat ham tugagan edi. «Qariganimdan keyin men yana gashtimni surar ekanman-da! Janobim ham qarib qolganlar-ku, axir», – deb ko‘nglidan kechirdi.

13Xudovand Ibrohimga dedi:

– Nima uchun Soro kulib, «Men qariganimda yana bola tug‘sam bo‘larmikin», deb aytdi? 14Xudovand uchun imkonsiz narsa bormi? Kelgusi yil belgilangan vaqtda Men sening oldingga qaytib kelganimda, Soroning bir o‘g‘li bo‘ladi, – dedi.

15Shunda Soro qo‘rqib:

– Kulganim yo‘q, – deb so‘zidan tondi. Lekin U:

– Yo‘q, kulding! – dedi.

 

Ibrohimning Sado‘m uchun yolvorishi

 

16Farishtalar u yerdan pastga qarab, Sado‘m tomon jo‘nab ketdilar. Ibrohim esa ularni kuzatib qo‘ygani birpas ularga yo‘ldosh bo‘ldi. 17Shu orada Xudovand dedi: «Men qiladigan ishimni Ibrohimdan yashirmayman. 18Ibrohimdan-ku ulug‘ va kuchli xalq kelib chiqadi. Butun yer yuzidagi xalqlar undan baraka topadilar. 19U o‘zidan keyingi o‘g‘illariga va uy ahliga ham Xudovand yo‘lidan borishni, to‘g‘rilik va odillik bilan ish qilishni amr etsin, deb Men uni tanladim. Shu amrga amal qilishsa, Men, Xudovand, Ibrohim haqida so‘zlaganlarimni amalga oshiraman».

20Xudovand yana dedi: «Sado‘m va G‘amo‘ra ustidan ohu vohlar ko‘p bo‘lgan, ularning gunohlari juda og‘ir bo‘lgan. 21Endi Men pastga tushay, qulog‘imga yetib kelgan oh-fig‘onlar rostmikin, ular eshitganimcha razillikka borganmikin, bir ko‘rayin. Rost bo‘lmasa uni ham bilayin».

22Shu orada farishtalar Sado‘mga qarab jo‘nab ketishgan, Ibrohim esa yolg‘iz o‘zi Xudovand oldida tik turgan edi. 23Ibrohim Unga yaqinroq kelib dedi:

– Nahotki Sen solihni yovuz kishi bilan birga qirib tashlasang? 24Balki bu shaharda ellik nafar solih kishi bordir. Nahotki o‘sha ellik nafar solih haqi bu joyga omonlik bermasang? 25Aslo, solihni yovuz bilan birga qirib tashlama! Solih bilan yovuzning qismatini barobar tutish hech ham Senga munosib ish emas. Sen butun yerning Hokimisan, shak-shubhasizki, Sen adolat bilan hukm qilasan.

26Xudovand:

– Agar Men Sado‘m shahrida ellik nafar solih kishi topsam, ular haqi butun bu joyga omonlik beraman, – dedi. 27Ibrohim javob berdi:

– Mana men tuproq va kul bo‘la turib, Rabbimga gapirishga jur’at etdim. 28Agar ellik solihga besh nafar yetmasa-chi, shu besh nafar uchun Sen butun shaharni xarob qilasanmi?

– Agar u yerda qirq besh nafar solih topsam, xarob etmayman, – dedi Xudovand. 29Ibrohim yana Unga gapirishda davom etib:

– Bordiyu, u yerda qirq nafar topilsa-chi? – dedi.

– Shu qirq nafar haqi uchun ham bu ishni qilmayman, – dedi Xudovand. 30Ibrohim yana:

– Aytadigan so‘zimga Rabbim g‘azablanmasin-u, mabodo u yerda o‘ttiz nafar topilsa-chi? – dedi. Xudovand:

– Agar u yerda o‘ttiz nafar topilsa ham, bu ishni qilmayman, – dedi. 31Ibrohim:

– Mana, men Rabbimga gapirishga ko‘p jur’at qildim, bordiyu u yerda yigirma nafar topilsa-chi? – dedi. Xudovand:

– O‘sha yigirma nafar haqi uchun ham bu joyni xarob qilmayman, – dedi. 32Ibrohim Unga:

– Men yana bir marta so‘zlasam, Rabbim darg‘azab bo‘lmasin: bordiyu u yerda o‘n nafargina topilsa-chi? – dedi. Xudovand:

– O‘sha o‘n nafar haqi uchun ham bu joyni xarob qilmayman, – dedi.

33Xudovand Ibrohim bilan gapini tamom qilib, undan ayrilib ketdi. Ibrohim esa o‘z makoniga qaytib ketdi.

 

19–BOB - IBTIDO

 

Sado‘m va G‘amo‘raning xarob bo‘lishi, utning xalos bo‘lishi

 

1Oqshom tushgach, o‘sha ikki farishta Sado‘mga keldilar. Shahar darvozasi yonida Lut o‘tirgan edi. Lut ularni ko‘rishi bilanoq o‘rnidan turib, ularga peshvoz chiqdi, yuzi bilan yerga yiqilgudek bo‘lib ta’zim qildi:

2– Janoblarim, bandangizning uyiga kirib kechani o‘tkazinglar, oyoqlaringizni yuvinglar. Erta bilan turib, yana o‘z yo‘lingizga ketasizlar, – dedi. Ular esa:

– Yo‘q, biz ko‘chada tunaymiz, – dedilar. 3Faqat Lut ularga juda ko‘p yalingandan keyin uning uyiga kirib mehmon bo‘ldilar. Lut ularga ziyofat berdi, patir non yopdi, ular yeb to‘ydi.

4Ular hali yotmagan edilar, Sado‘m shahrining barcha aholisi, yoshlardan tortib keksalargacha – shaharning hamma odamlari yiroq-yaqindan kelishib, uyning atrofini o‘rab oldilar. 5Ular Lutni chaqirib:

– Bu kech sening oldingga kelgan odamlar qani? Ularni bizning oldimizga olib chiq, ularni yaqindan bilib olaylik! – dedilar. 6Lut esa ularning oldiga, ostonaga chiqib, ketidan eshikni yopib qo‘ydi-da:

7– Birodarlarim, zinhor ularga yomonlik qilmanglar! 8Mana, mening erga tegmagan ikki qizim bor. Yaxshisi men ularni oldingizga chiqaray, ular bilan o‘zingiz ma’qul ko‘rganingizni qilinglar. Faqat bu odamlarga qo‘l tegizmanglar, ular mening tomim ostida manzil topishgan, axir, – dedi.

9Ammo odamlar bir og‘izdan:

– Yo‘lni bo‘shat! Mana bir kishi begona joydan istiqomat qilishga keladi-yu, oxirida qozilikka ham intiladi! Endi ulardan ko‘ra senga ko‘proq yomonlik qilamiz, – deb Lutni ko‘p siqdilar. Eshikni sindirib tashlash uchun hamla qildilar. 10Shu zahot ichkaridagi zotlar qo‘l uzatib, Lutni yonlariga, uyga olib kirdilar va orqalaridan eshikni bekitib qo‘ydilar. 11Eshik oldida turgan odamlarning kattayu kichigini ko‘rlikka mubtalo qildilar, ular esa eshikni topishga ojiz bo‘ldilar.

12Farishtalar Lutga:

– Bu yerda sening yana kiming bor? Kuyovingmi, o‘g‘lingmi, qizingmi – shaharda kiming bo‘lsa, hammasini bu yerdan olib chiqib ketgin. 13Chunki biz bu shaharni xarob qilmoqchimiz. Bu yerdagi odamlarning yovuzligi haqidagi oh-fig‘onlar Xudovandgacha yetib bordi. Mana shu joyni xarob qilish uchun Xudovand bizni yubordi, – deyishdi.

14Lut tashqariga chiqib, kuyovlari bilan gaplashdi:

– Turinglar, bu joydan chiqib ketinglar, chunki Xudovand bu shaharni xarob qilmoqchi, – dedi. Lekin kuyovlari nazarida u hazil qilayotgandek tuyuldi.

15Tong otganda, farishtalar Lutni qistab:

– Bu shaharning gunohi tufayli halok bo‘lmasliging uchun endi o‘rningdan tur, o‘zing bilan xotiningni va ikki qizingni olib ket, – dedilar. 16Lut esa sustkashlik qilsa ham, Xudovand uni ayadi. Farishtalar uni, xotini va ikki qizini qo‘lidan ushlab, shaharning tashqarisiga chiqarib qo‘ydilar. 17Ularni tashqariga chiqarayotgan vaqtda farishtalardan biri:

– Joningni saqlab qochib qol, orqaga hech qarama. Halok bo‘lmaslik uchun atrofdagi biron joyda ham to‘xtamay, to‘g‘ri toqqa chiq, boshingni omon saqla, – dedi. 18Ammo Lut unga:

– Yo‘q endi, Hazratim! 19Mana, sen shu bandangni iltifotingga sazovor hisoblabsan, jonimni ayab, juda katta ehson qilding. Biroq, o‘zimni kulfatu o‘limdan saqlab qolish uchun toqqa qochib keta olmayman. 20Mana, shu yaqin joyda kichik shaharcha bor. Men anavi kichkina joyga qochib, jonimni saqlab qolaman, – dedi. 21Farishta Lutga dedi:

– Men bu ishda ham senga e’tibor beraman, sen aytgan shaharni yakson qilmayman. 22Endi tez harakat qil, u yerga qochib omon bo‘l. Chunki sen u yerga yetib bormaguningcha, men biron ish qila olmayman, – dedi.

Ana shu sababli bu shahar So‘ar (ya’ni Kichkina) deb atalib keladi.

23Mamlakat uzra kun yorishib, Lut So‘arga yetib borgan ediki, 24Xudovand Sado‘m bilan G‘amo‘ra ustiga osmondan, O‘z huzuridan olovli oltingugurt yog‘dirdi. 25Bu shaharlarni hamda ularda yashovchilarning hammasini, butun uva va uning o‘simliklarini ham yer bilan yakson qilib tashladi. 26Lutning xotini esa orqasiga qarab, tuz tiragiga aylanib qoldi.

27Erta bilan Ibrohim yo‘lga chiqib, Xudovand ro‘parasida turgan o‘sha joyga bordi. 28Pastga qarab, Sado‘m va G‘amo‘ra hamda butun uva bo‘ylab ro‘y bergan fojiani payqadi. Yer sathidan ko‘tarilayotgan pag‘a-pag‘a tutun yonar ko‘radan chiqayotgan tutunga o‘xshar edi.

 

Lut va uning qizlari

 

29Lut istiqomat qilgan uva shaharlarini Xudo yer bilan yakson qilganida, U Ibrohimning haqi uchun talaf bo‘layotganlar orasidan Lutni xalos qilgan edi. 30Lut So‘ar shahridan chiqib, ikki qizi bilan tog‘da yashay boshladi. Chunki u So‘arda turishdan qo‘rqdi va ikki qizi bilan bir g‘orda istiqomat qilaverdi.

31Bir kuni Lutning katta qizi kichigiga dedi:

– Otamiz qari, yer yuzidagi odatga ko‘ra biz nikohga olinishimiz uchun mamlakatda biron erkak qolmagan. 32Kel, otamizga sharob ichirib, u bilan yotamiz, toki otamizdan nasl saqlaylik.

33O‘sha kechasi qizlar otalariga sharob ichirdilar. Katta qiz otasining yotog‘iga kirib, u bilan yotdi. U esa qizining qachon yotib, qachon turganini bilmadi.

34Ertasiga katta qiz singlisiga:

– Men o‘tgan kecha otam bilan yotdim. Bu kecha unga yana sharob ichiramiz, bu gal sen uning yotog‘iga kirib u bilan yot, toki otamizdan nasl saqlaylik, – dedi.

35Qizlar o‘sha kechasi ham otalariga sharob ichirdilar. Kichik qiz borib, otasi bilan yotdi. Otasi esa qizining qachon yotib, qachon turganini bilmadi.

36Shunday qilib, Lutning ikkala qizi ham otalaridan homilador bo‘ldilar. 37Katta qiz o‘g‘il tug‘ib, uning ismini Mo‘ov qo‘ydi; u bugungacha Mo‘ov xalqining otasidir. 38Kichik qiz ham o‘g‘il tug‘ib, uning ismini Ben-Ammi qo‘ydi; u bugungacha Ammon o‘g‘illarining otasidir.

 

20–BOB - IBTIDO

 

Ibrohim shoh Abumalik oldida

 

1Ibrohim u yerdan Janubistonga ko‘chib borib, Qadesh bilan Shur orasida o‘rnashib oldi. Garor shahrida esa manzilgoh qildi. 2Ibrohim xotini Soroni «singlim» deb aytar edi. Garor shohi Abumalik esa odam yuborib, Soroni xotinlikka oldi. 3Bir kecha Xudo Abumalikning tushiga kirib, unga:

– Sen mana shu olgan xotining tufayli o‘lasan, chunki u eri bor xotindir, – dedi.

4Abumalik esa Soroga yaqinlashmagan edi. U:

– Yo Rabbim, nahotki Sen begunoh xalqni ham halok qilsang? 5Ana u kishi o‘z ayolini singlim dedi-ku! Xotinning o‘zi ham: «Bu mening akam», deb aytib yuribdi-ku. Men bu ishni soddadillik bilan, halol qo‘lim bilan qildim, – dedi. 6Xudo Abumalikka tushida dedi:

– Sen bu ishni soddadillik bilan qilganingni Men ham bilar edim. Shuning uchun seni Menga qarshi gunoh qilishdan saqladim, seni Soroga tegishga qo‘ymadim. 7Endi sen bu ayolni eriga qaytarib ber. U payg‘ambardir, sen uchun ibodat qiladi va sen tirik qolasan. Agarda ayolni qaytarib bermasang, shuni bilki, sen bilan xalqing hammangiz butunlay o‘lasizlar!

8Abumalik ertalab turishi bilan barcha qullarini chaqirib, bu gaplarning hammasini ularga uqtirib berdi. U odamlar esa qattiq qo‘rqib ketishdi. 9So‘ngra Abumalik Ibrohimni chaqirtirib, unga:

– Sen bizga nima qilding? Men senga nima yomonlik qildimki, sen mening va mamlakatim boshiga og‘ir gunoh keltirding? Sen hech kim qilmaydigan ishlarni menga qilding! – dedi. 10Keyin Abumalik Ibrohimdan yana:

– Sen asli nimani ko‘zlab bu ishni qilding? – deb so‘radi. 11Ibrohim aytdi:

– Men: bu joyda Xudodan qo‘rqish degan narsa yo‘q, xotinim sababli meni o‘ldirarlar, dedim. 12Lekin haqiqatan ham u mening singlim, onamning qizi bo‘lmasa-da, otamning qizidir. Endi esa u mening xotinim ham bo‘ldi. 13Bir vaqtlar Xudo meni otam uyidan adashtirib darbadarlikka yo‘liqtirgan edi. Shunda men Soroga: Menga qiladigan yaxshiliging shu bo‘lsinki, biz qayerga borsak, sen meni akam deb ayt, dedim.

14Shunda Abumalik qo‘yu sigirlar, qulu cho‘rilarni Ibrohimga tortiq qildi. Xotini Soroni esa unga qaytarib berdi.

15– Mana, mening o‘lkam sening ko‘z oldingda turibdi. O‘zingga yoqqan joyda istiqomat qil, – dedi Abumalik. 16Soroga ham:

– Mana, men akangga mingta kumush tanga beryapman, bular sening yuz-ko‘zingni paranjiday qavming ko‘zidan to‘ssin, sening iffating beg‘ubor ekanini hamma aniq bilsin, – dedi.

17O‘shanda Ibrohim Xudoga ibodat qildi, Xudo esa Abumalikka shifo berdi. Uning xotini va cho‘rilariga ham Xudo shifo berib, ularni yana tug‘adigan qildi. 18Chunki Ibrohimning xotini Soro sababli Xudovand Abumalikning xonadonidagi har bir ayolni tug‘ishdan ojiz qoldirgan edi.

 

21–BOB - IBTIDO

 

Is’hoqning tug‘ilishi

 

1Xudovand bergan so‘zini amalga oshirib, Soroni yo‘qladi. 2Soro esa homilador bo‘lib, Ibrohimga qarigan chog‘ida, Xudo unga belgilagan vaqtda o‘g‘il tug‘ib berdi. 3Ibrohim o‘zidan bo‘lgan, Soro unga tug‘ib bergan o‘g‘lining otini Is’hoq (ya’ni Kulgan) qo‘ydi. 4Ibrohim, Xudo buyurganidek, o‘g‘li Is’hoqni sakkiz kunligida xatna qildi. 5Is’hoq tug‘ilganida, Ibrohim yuz yoshda edi. 6Soro esa: «Xudo meni kulgi qildi, eshitgan barcha mening ustimdan kuladi», – dedi. 7Va yana: «Soro chaqaloq emizadi, deb Ibrohimga kim aytar edi? Endi qarang, Ibrohim qariganidan keyin men o‘g‘il tug‘dim!» – dedi.

 

Hojar bilan Ismoilning quvilishi

 

8Is’hoq o‘sib, uning emchakdan ajralish kuni kelib qolganda, Ibrohim o‘g‘li sharafiga katta ziyofat berdi. 9Misrlik Hojarning Ibrohimga tug‘ib bergan o‘g‘li esa sho‘xlik qilayotgan edi. Soro buni ko‘rib, 10Ibrohimga:

– Bu cho‘rini o‘g‘li bilan birga haydab yubor! Bu cho‘rining o‘g‘li mening o‘g‘lim Is’hoq bilan baravar voris bo‘lmaydi, – dedi.

11Ibrohim bu gapdan juda xafa bo‘ldi. Axir, bu ham uning o‘g‘li edi. 12Ammo Xudo Ibrohimga dedi:

– Sen o‘g‘ling va cho‘ring uchun xafa bo‘lma. Soroning aytadigan hamma gapiga quloq sol. Chunki sening nasling Is’hoq orqali ko‘payadi. 13Shunga qaramay, cho‘ringning o‘g‘lidan ham bir xalq yarataman, chunki u ham sening naslingdir.

14Ibrohim ertalab turib, non va bir mesh suvni olib Hojarga berdi, uning yelkasiga qo‘yib, bolasi bilan jo‘natib yubordi. Hojar esa ketayotib, Be’r-Sheva cho‘lida adashib qoldi. 15Meshdagi suv tamom bo‘lgach, Hojar bolasini bir butaning tagiga tashlab ketdi. 16«Bolamning o‘lishini ko‘rmayin», – deb u nariroq ketdi-da, bir o‘q otar masofadagi uzoqlikda o‘tirdi. Hojar ro‘parada o‘tirganicha, dod-faryod ko‘tardi.

17Xudo esa o‘smirning dodiga quloq soldi. Xudoning farishtasi osmondan Hojarga xitob qildi:

– Ey Hojar, senga nima bo‘ldi? Qo‘rqma, Xudo o‘smirning dodini yotgan joyidan eshitdi. 18Endi o‘rningdan tur, o‘smirni ko‘tarib ol va uning qo‘lidan qattiq ushla. Chunki Men undan buyuk xalq yarataman, – dedi.

19Xudo Hojarning ko‘zlarini ochib yubordi, u suvi bor quduqni ko‘rib qoldi. Borib meshni suvga to‘ldirdi-da, bolasiga ichirdi.

20Shundan keyin o‘smir cho‘l-biyobonda yashay boshladi. Xudo esa doimo u bilan birga edi. U ulg‘ayib, kamonkash bo‘ldi. 21U Poron cho‘lida istiqomat qilardi. Onasi esa uni Misr yurtidan uyladi.

 

Ibrohim bilan Abumalikning ahdlashuvi

 

22O‘sha vaqtda Abumalik o‘z lashkarboshisi Pixo‘l bilan Ibrohimning oldiga borib gap ochdi:

– Sen nimaiki qilsang, Xudo sen bilandir. 23Endi shu turgan joyda meni va o‘g‘il-nabiralarimni aldamaslik to‘g‘risida Xudo haqi qasamyod qilgin: men senga qanday ehson qilgan bo‘lsam, sen ham menga va sen musofir bo‘lgan mamlakatga shunday ehson qilgaysan, – dedi. 24Ibrohim:

– Men qasamyod qilaman, – dedi-yu, 25shu bilan Abumalikning qullari suvi bor quduqni zo‘rlik bilan olganliklari haqida gina qildi. 26Abumalik:

– Men bu ishni kim qilganini bilmayman, sen ham menga xabar qilmaganding. Men bu haqda bugungacha eshitganim yo‘q edi, – dedi.

27Shunda Ibrohim qo‘ylar va sigirlarni Abumalikka tortiq qilib, ikkovlari ahdlashdilar. 28Ibrohim yettita urg‘ochi qo‘zini podadan alohida ajratib qo‘ydi.

29Abumalik Ibrohimdan:

– Nima uchun sen shu yettita urg‘ochi qo‘zini alohida qo‘yding? – deya so‘radi. 30Ibrohim:

– Bu yetti urg‘ochi qo‘zini mening qo‘limdan olgin, shu quduqni men o‘zim qaziganligimga mana shu qo‘zilar guvoh bo‘lsin, – dedi.

31U yerda ikkovi qasamyod qilishdi. Shu sababli Ibrohim o‘sha joyni Be’r-Sheva deb atadi. 32Ular Be’r-Shevada ahdlashib bo‘lgach, Abumalik va lashkarboshisi Pixo‘l yo‘lga tushib, filistiylar mamlakatiga qaytib ketishdi.

33Ibrohim esa Be’r-Shevada yulg‘unzor o‘tqazdi. O‘sha yerda u abadiy Tangri bo‘lgan Xudovand ismini chaqirdi. 34Ibrohim ancha vaqt filistiylar mamlakatida musofirday yashadi.

 

22–BOB - IBTIDO

 

Xudoning Ibrohimni sinashi

 

1Bu hodisalardan so‘ng Xudo Ibrohimni sinab, unga:

– Ibrohim! – dedi.

– Labbay! – dedi u. 2Xudo:

– O‘zing sevadigan yagona o‘g‘ling Is’hoqni olib Mo‘riyo yeriga ket. U yerda Men senga aytadigan toqqa chiqib, o‘g‘lingni qurbon qil, – dedi.

3Ibrohim erta bilan turib, eshagini egarlab, qurbonlik kuydirish uchun o‘tin ham maydaladi-da, qulvachchalardan ikkitasini va o‘g‘li Is’hoqni o‘zi bilan oldi, Xudo unga aytgan joyga qarab ravona bo‘ldi.

4Uch kun yurishgandan keyin Ibrohim nariga bir ko‘z tashladi, o‘sha joyni uzoqdan ko‘rdi. 5U yigitlariga:

– Sizlar eshak bilan bu yerda o‘tirib kutib turinglar. Men o‘smir bilan u yoqqa borib sajda qilib, yana yoningizga qaytib kelamiz, – dedi.

6Ibrohim qurbon kuydirishga yaraydigan o‘tinni o‘g‘li Is’hoqning yelkasiga ortdi. O‘t va pichoqni esa o‘zi qo‘liga olib, ikkovlari birga jo‘nab ketdilar. 7Shu orada Is’hoq otasi Ibrohimga:

– Otajon! – dedi.

– Labbay, o‘g‘lim, – dedi u.

– Mana, o‘t bor, o‘tin bor, lekin qurbon qo‘zisi qani? – deb so‘radi. 8Ibrohim:

– O‘g‘lim, qurbon qo‘zisini Xudo O‘zi beradi, – dedi.

Shunday qilib, ikkovlari yo‘lda davom etdilar. 9Xudo Ibrohimga aytgan joyga kelganlarida, u qurbongoh tiklab, o‘tinni qaladi. So‘ng o‘g‘li Is’hoqni bog‘lab, uni qurbongoh ustiga, o‘tinlarning ustiga yotqizdi. 10Ibrohim pichoqqa qo‘l solib, o‘g‘li Is’hoqni bo‘g‘izlamoqchi bo‘lgan ham ediki, 11birdaniga osmondan Xudovandning farishtasi unga xitob qildi:

– Ibrohim! Ibrohim!

– Labbay, – dedi u. 12Farishta:

– O‘smirga qarshi qo‘l ko‘tarma, unga hech yomonlik qilma. Men endi bilamanki, sen Xudodan qo‘rqasan, yakkayu yagona o‘g‘lingni ham Mendan ayamading, – dedi.

13Ibrohim bir orqasiga burilib qarasa, chakalakda shoxlari o‘ralib qolgan qo‘chqorni ko‘rdi. Ibrohim borib, qo‘chqorni olib keldi va uni o‘g‘li o‘rniga so‘yib kuydirdi. 14Bu joyga Ibrohim «Xudovand ta’minlaydi» degan nom berdi. Binobarin bugun ham: «Xudovand tog‘ida ta’minot bor», deb aytishadi.

15Xudovandning farishtasi ikkinchi gal osmondan Ibrohimga xitob qildi:

16– Men Zotim haqi qasamyod qilamanki, Xudovand gapirmoqda: sen bu ishni qilib, yagona o‘g‘lingni ayamaganing uchun, 17Men senga qut-baraka beraman. Nasl-nasabingni ko‘kdagi yulduzlarday va dengiz sohilidagi qumday ko‘paytirib yuboraman. Sening o‘g‘il-nabiralaring o‘z dushmanlarining shaharlarini oladilar. 18Sen gapimga quloq solganing uchun, yer yuzidagi barcha xalqlar sening naslingdan baraka topadilar, – dedi.

19Shundan so‘ng Ibrohim yana yigitlari yoniga qaytib keldi. Ular bu yerdan birga jo‘nashib, Be’r-Shevaga ketdilar. Ibrohim Be’r-Shevada turar edi.

 

Naho‘rning avlodlari

 

20Bu hodisalardan keyin Ibrohimning qulog‘iga: «Mana sening ukang Naho‘rning xotini Milka ham o‘g‘illarning onasi bo‘ldi», degan xabar yetdi. 21Chunonchi Naho‘rning o‘g‘illari: to‘ng‘ichi Us va uning ukasi Buz, Aramning otasi Qamuil, 22Kasad, Hazo‘, Pildosh, Idlof va Batuil. 23Batuil esa Rivqo degan qizning otasi bo‘ldi. Mana shu sakkiz o‘g‘ilni Milka Ibrohimning ukasi Naho‘rga tug‘ib berdi. 24Naho‘rning Rauma degan ikkinchi xotini ham bor edi; u esa eriga Tavah, Gaham, Tahash va Maaxa ismli o‘g‘illarni tug‘ib berdi.

 

23–BOB - IBTIDO

 

Soroning o‘limi va ko‘milishi

 

1Soro yuz yigirma yetti yil umr ko‘rdi. 2Soro shu yoshida Kan’on mamlakatidagi Qirat-Arba (ya’ni Hebro‘n) shahrida qazo qildi. Ibrohim esa Soro uchun yig‘lab, ta’ziya marosimi o‘tkazdi. 3Marhumasiga motam tutish davri tugagach, Ibrohim hetiylarning oldiga borib ularga:

4– Men sizlarning oldingizda g‘aribu musofir bo‘lib yashab kelaman. Endi marhumam bilan vidolashib, uni dafn etishim uchun menga yeringizdan maqbara quradigan joy ajratib beringlar, – dedi. 5Hetiylar Ibrohimga javob berib:

6– Ey taqsirimiz, bizni tingla: biz seni o‘z oramizda Xudoning amiri deb bilamiz. Sen maqbaramizning eng yaxshisiga marhumangni dafn qilgin. Bizlardan biron kishi marhumangni ko‘mishing uchun o‘z maqbarasini sendan ayamaydi, – deyishdi.

7Ibrohim o‘rnidan turib u yerning xalqi – hetiylarga ta’zim qildi-da, 8ularga xitob qildi:

– Agar marhumam bilan vidolashib uni dafn etishimga rozi bo‘lsangizlar, unda meni tinglanglar. Men uchun So‘har o‘g‘li Afrondan iltimos qilinglar, 9u o‘zining dalasi chetidagi Maxpela g‘orini menga bersin. Men orangizda bemalol maqbara qurishim uchun, u shu g‘orni menga to‘la narxga bersin.

10Hetiy Afron esa o‘z qavmi orasida o‘tirgan edi. Shahar darvozasiga kelgan hamma hetiylarga eshittirib, Afron Ibrohimga javob berdi:

11– Yo‘q, taqsirim, meni tingla: o‘sha dalani men senga shundayligicha beraman, undagi g‘orni ham beraman, mana, senga buni berishimga o‘z qavmim kishilari guvohdirlar. Sen marhumangni dafn qila qol, – dedi.

12Ibrohim u yerning xalqi oldida ta’zim qildi-da, 13hamma xalqqa eshittirib Afronga:

– Qani endi sen mening gapimga quloq solsang: senga u dala evaziga pul beraman. Pulini mendan ol, men esa bemalol marhumani u yerga ko‘ma qolay, – dedi. 14Afron Ibrohimga javob berib:

15– Mayli taqsirim, meni tingla: yerning qimmati to‘rt yuz kumush yombi turadi, bu bizning oramizda hech narsa emas. Sen marhumangni dafn qila qol, – dedi.

16Ibrohim Afronning hetiylarga eshittirib aytgan narxiga unadi, savdogarlar muomalasida o‘tadigan og‘irlikdagi to‘rt yuz kumush yombini tortib Afronga berdi. 17Shunday qilib, Mamre qarshisidagi Maxpela degan yerning dalasi va undagi g‘or, shuningdek, dalada va uning atrofida bo‘lgan barcha daraxtlar Afronning qo‘lidan ketib, 18Ibrohimning mulkiga o‘tdi. Shahar darvozasidan kirib chiqadigan hetiylarning hammasi esa bunga guvoh bo‘ldilar.

19-20Shundan keyin Ibrohim xotini Soroni o‘sha yerga dafn qildi. Shu yo‘sin Kan’on mamlakatidagi, Mamre (Hebro‘n) qarshisida joylashgan Maxpela dalasi hamda undagi g‘or hetiylar mulkidan chiqib, Ibrohimga oilasi uchun maqbara bo‘ladigan yer ulushi bo‘lib o‘tdi.

 

24–BOB - IBTIDO

 

Is’hoqqa sovchilik va uning uylanishi

 

1Ibrohim endi qarib, kunlari oxirlab qolgan edi. Xudovand uni har jihatdan barakali qilgan edi. 2Ibrohimning butun mol-mulkini boshqaradigan xonadon raisi bor edi. Ibrohim unga:

– Qo‘lingni sonimning tagiga qo‘y. 3Yeru osmonni yaratgan Xudovand haqi senga qasam ichiraman: men kan’oniylarning orasida yashasam-da, kan’oniy qizlaridan o‘g‘limga xotin olma. 4Sen o‘zimning vatanimga borib, qavm-qarindoshlarimdan o‘g‘lim Is’hoqqa xotin olgin, – dedi.

5Xizmatkor Ibrohimga javoban:

– Bosh ustiga! Lekin bordiyu u qiz men bilan bu yerga kelishga rozi bo‘lmasa, unda men o‘g‘lingizni siz qoldirib ketgan yurtingizga qaytarishim kerakmi? – deb so‘radi. 6Ibrohim unga:

– Zinhor-bazinhor o‘g‘limni u yerga qaytarma! 7Meni otam uyidan, qavmim yeridan olgan, osmonni yaratgan Xudovandning O‘zi menga qasamyod qilib: «Mana, shu yerni sening zurriyotingga beraman», deb aytgan edi. Endi esa U sening oldingga farishtasini yuboradi va sen o‘g‘limga o‘sha yerdan xotin topasan. 8Agar u qiz sening orqangdan kelishga rozi bo‘lmasa, unda sen bu qasamdan ozod bo‘lasan. Faqat o‘g‘limni u yerga qaytara ko‘rma! – dedi.

9Shunda xizmatkor xo‘jayini Ibrohimning soni tagiga qo‘lini qo‘yib, unga bu haqda qasamyod qildi. 10So‘ng u xo‘jayinining tuyalaridan o‘ntasini va har xil qimmatbaho buyumlaridan ham o‘zi bilan olib, jo‘nab ketdi. U yo‘l yurib, Mesopotamiyaga, Naho‘r yashagan shaharga yetib bordi.

11Ayollar suv tortish uchun chiqadigan oqshom payti bo‘lgan edi, xizmatkor tuyalarni shahar tashqarisidagi quduqning boshida cho‘ktirib 12dedi:

– Yo Xudoyo Xudovando, xo‘jayinim Ibrohimning Xudosi! Xo‘jayinim Ibrohimga inoyat qilib, bugun ishimga omad bergin. 13Mana, men shu chashma boshida turibman, shahar ahlining qizlari hozir suv tortgani chiqishyapti. 14Men qaysi qizga: «Ko‘zangni pasaytir, men suv ichay», desam, u esa: «O‘zing ich, tuyalaringni ham sug‘oraman», desa, Sen bandang Is’hoqqa loyiq ko‘rganing o‘sha bo‘lsin. Sen xo‘jayinimga inoyat qilishingni men shundan bilaman, – dedi.

15Xizmatkor hali gapirib turgan ham ediki, Rivqo ko‘zasini yelkalab chiqib qoldi. U Ibrohimning ukasi Naho‘r bilan xotini Milkaning o‘g‘li – Batuilning qizi edi. 16Bu qiz rangi-raftori juda chiroyli, biron erkak qo‘l tegizmagan bokira qiz edi. U chashmaga inib, ko‘zasini to‘ldirib oldi-da, yuqoriga qaytib chiqdi. 17Shunda xizmatkor uni qarshilagani chopdi va:

– Ko‘zangdan menga bir qultum suv ber-chi, – dedi. 18Qiz:

– Iching, janobim, – dedi-yu darhol ko‘zasini pasaytirib, o‘z qo‘li bilan unga ichirdi. 19Unga ichirib bo‘lgach:

– Men sizning tuyalaringizga ham suv tortaman, to‘yguncha ichsin, – dedi-da, 20tez ko‘zasida qolgan suvni oxurga bo‘shatdi. Yana quduq tomon chopib borib, suv tortdi va u kishining hamma tuyalarini ham sug‘ordi. 21Xizmatkor kishi esa, Xudo yo‘limni o‘ngladimi, deb bilmoqchi bo‘lib, diqqat bilan qizga qaraganicha jim turar edi.

22Tuyalarni sug‘orib bo‘lgandan so‘ng, xizmatkor qizning burniga taqish uchun bir misqolcha keladigan oltin sirg‘a va qo‘llariga taqish uchun chorak qadoqcha keladigan ikkita oltin bilaguzukni qo‘ynidan olib chiqardi. 23U qizdan:

– Menga ayt-chi, sen kimning qizisan? Otangning uyida tunashimiz uchun joy bormi? – deb so‘radi. 24Qiz unga:

– Men Milkaning Naho‘rga tug‘ib bergan o‘g‘li Batuilning qiziman, – dedi. 25Va qo‘shib: – Bizda somon ham, yem ham ko‘p; tunash uchun joy ham bor, – dedi.

26Shunda xizmatkor kishi tiz cho‘kib, Xudovandga sajda qildi-da:

27– O‘zining inoyatu sadoqatini xo‘jayinimdan ayamagan Ibrohimning Tangrisi – Xudovandga hamdu sanolar bo‘lsin! Yo‘lda ketayotganimda, Xudovand meni to xo‘jayinimning urug‘lari oldigacha boshlab keldi, – dedi.

28Qiz esa haramga yugurib borib, bu gaplardan onasini xabardor qildi. 29Rivqoning Lobon ismli akasi bor edi. Lobon tashqarida turgan kishini qarshilagani chashma tomon chopdi. 30U singlisining burnidagi sirg‘ani, qo‘llaridagi bilaguzuklarni ko‘rib, Rivqodan u kishining nimalar aytganini eshitishi bilanoq u kishining oldiga bordi. Xizmatkor esa tuyalar yonida, chashma boshida turar edi. 31Lobon unga:

– Kel, ey Xudovand olqagan! Nega tashqarida turibsan? Ana, men uy-joyni yig‘ishtirdim, tuyalarga o‘rin bor, – dedi.

32Shundan so‘ng xizmatkor uyga kirdi. Tuyalarning egar-jabduqlarini yechishib, ularga somon va yem berishdi. Xizmatkor va uning yo‘ldoshlariga oyoqlarini yuvish uchun suv berishdi. 33Uning oldiga ovqat qo‘yishdi. Ammo u:

– Talabimni aytmagunimcha ovqat yemayman, – dedi.

– Mayli, aytgin, – deyishdi ular.

34– Men Ibrohimning quliman, – dedi u. 35– Mening xo‘jayinim Xudovanddan mo‘l baraka topib, juda ulug‘ kishi bo‘lib qoldi. Mana Xudovand unga qo‘yu sigirlar, kumushu oltinlar, qulu cho‘rilar, tuya bilan eshaklar berdi. 36Xo‘jayinimning xotini Soro hatto qariganidan keyin eriga o‘g‘il tug‘ib berdi. Xo‘jayinim esa o‘zining bor-yo‘g‘ini o‘g‘liga topshirdi. 37Xo‘jayinim menga qasam ichirib: «Men yurtlarida yashayotgan kan’oniylarning qizlaridan o‘g‘limga xotin olma. 38Balki otamning uyiga, qarindoshlarimning oldiga borib o‘g‘limga xotin olasan», dedi.

39Men xo‘jayinimdan: «Bordiyu u qiz orqamdan kelmasa-chi?» – deb so‘radim. 40U menga: «Men doimo Xudovandning ko‘z oldida yuraman. Mana, Xudovand O‘z farishtasini sen bilan yuborib, yo‘lingni o‘nglaydi. Sen qarindoshlarimdan, otam uyidan o‘g‘limga xotin topib kel. 41Shundan keyin men ichirgan qasamdan ozod bo‘lasan. Mabodo sen qarindoshlarim oldiga kelganingda, ular senga qizini berishmasa, shunda sen bu qasamdan ozod bo‘lasan», – dedi.

42Shunday qilib, men bugun chashma yoniga kelganimda: Yo Xudoyo Xudovando, xo‘jayinim Ibrohimning Xudosi! Koshki Sen mening yo‘limni o‘nglasang! – dedim. 43– Hozir men shu chashma boshida turibmanu, shunday bo‘lsinki, suv olgani chiqadigan qaysi qizga men: «Ko‘zangdan menga bir oz suv ichir-chi», desam, 44va u menga: «O‘zing ich, tuyalaringni ham sug‘oraman», deb aytsa, Xudovand xo‘jayinimning o‘g‘liga loyiq ko‘rgan xotin ana o‘sha bo‘lsin, dedim.

45Men hali ich-ichimdan gapirib turganimda, mana yelkasida ko‘zasi bilan Rivqo chiqib qoldi. U chashmaga inib suv tortdi. Men unga: Menga suv ichir-chi, dedim. 46U esa tezda ko‘zasini yelkasidan tushirib: «O‘zingiz iching, tuyalaringizni ham sug‘oraman», dedi. O‘zim ichdim, tuyalarni esa u sug‘ordi.

47Undan: Kimning qizisan? deb so‘rasam, u: «Men Milkaning Naho‘rga tuqqan o‘g‘li Batuilning qiziman», dedi. Shundayoq men uning burniga sirg‘a va qo‘llariga bilaguzuklar taqdim. 48So‘ng tiz cho‘kib, Xudovandga sajda qildim. Xo‘jayinimning o‘g‘liga o‘zining jiyanini olish uchun meni to‘g‘ri yo‘lga boshlab kelgan xo‘jayinim Ibrohimning Tangrisi – Xudovandga hamdu sanolar o‘qidim.

49Endi sizlar xo‘jayinimga iltifotu sadoqat ko‘rsatishga tayyor bo‘lsangizlar, menga aytinglar, yo‘q bo‘lsa, uni ham aytinglar, toki men shu yo bu yo‘lga burilay.

50Lobon va Batuil javob berishib:

– Bu Xudovandning ishi. Senga yaxshi-yomon biron javob berish bizning ishimiz emas. 51Mana, Rivqo sening ixtiyoringdadir, uni ol-da, ket. Xudovand aytganidek, xo‘jayiningning o‘g‘liga xotin bo‘lsin, – dedilar.

52Ibrohimning xizmatkori ularning so‘zlarini eshitgach yergacha enkayib Xudovandga sajda qildi. 53Xizmatkor kumush va oltin asboblar va kiyimlarni chiqarib, Rivqoga berdi. Shuningdek, uning akasi va onasiga qimmatbaho sovg‘alar berdi. 54Xizmatkor va uning yo‘ldoshlari yeb-ichib, yotdilar.

Ertalab turishlari bilan xizmatkor:

– Meni xo‘jayinimning oldiga uzatib qo‘yinglar, – dedi. 55Ammo Rivqoning akasi va onasi:

– Qiz besh-o‘n kun biznikida qolsin, keyin boradi, – deyishdi.

56– Meni kechiktirmanglar, Xudovand mening yo‘limni o‘nglagan, axir. Endi meni kuzatib qo‘yinglar, xo‘jayinimning oldiga boray, – dedi u. 57Ular:

– Qizni chaqirib uning fikrini so‘raymiz, – deyishdi. 58Rivqoni chaqirishib undan:

– Bu kishi bilan ketasanmi? – deb so‘radilar.

– Ketaman, – dedi u.

59Shunday qilib, ular singillari Rivqoni, uning enagasini, Ibrohimning xizmatkori bilan odamlarini kuzatib qo‘ydilar. 60Rivqoni duo qilishib:

«Ey singlimiz, sendan ming-minglar tug‘ilsin,

Sening zurriyoting dushman shaharlarini olsin!»
– dedilar.

61Shunday qilib, Rivqo va cho‘rilari o‘rinlaridan turib, tuyalarga minib, xizmatkor kishining ortidan ketishdi. Xizmatkor esa Rivqoni o‘zi bilan olib ketdi.

62Shu paytda Is’hoq Janubistonda turar edi. U «Barhayot Tangri ko‘zi» nomli quduq ziyoratidan qaytib kelgan edi. 63Shom vaqti Is’hoq yaxshilab o‘ylash uchun dashtga chiqdi. U bir qarasa, tuyalar kelayotgan ekan. 64Rivqo ham shu vaqt bir ko‘z tashlab, Is’hoqni ko‘rib qoldi. Rivqo sapchib tuyadan tushdi-da, 65xizmatkordan:

– Dashtda kezib bizga peshvoz chiqayotgan bu kishi kim? – deb so‘radi.

– Bu mening xo‘jayinim, – dedi u.

Shunda Rivqo paranjiga o‘randi. 66Xizmatkor esa Is’hoqqa hamma qilgan ishlarini aytib berdi. 67Shunday qilib, Is’hoq Rivqoni onasi Soroning chodiriga olib keldi. Rivqoga uylandi; unga ko‘p muhabbat qo‘ydi. Shu zaylda Is’hoq onasining o‘limidan so‘ng tasalli topdi.

 

25–BOB - IBTIDO

 

Ibrohimning boshqa o‘g‘illari va o‘limi

 

1Ibrohim yana Qatura ismli xotin olgan edi. 2U eriga Zimron, Yo‘qshon, Medon, Midyon, Ishboq va Shuahni tug‘ib berdi. 3Yo‘qshon esa Shabo va Dedon degan o‘g‘illar ko‘rdi. Dedonning o‘g‘illari – Ashurim, Latushim va Laumim edilar. 4Midyonning o‘g‘illari – Ayfo, Afar, Hano‘x, Avido va Eldao edilar. Bularning hammasi Qaturaning o‘g‘il-nabiralari edi.

5Ibrohim o‘zining bor-yo‘g‘ini Is’hoqqa topshirdi. 6 Sorodan keyingi xotinlari tuqqan o‘g‘illariga esa Ibrohim sovg‘alar berdi va tirikligida ularni o‘g‘li Is’hoqning oldidan kunchiqar tomonga, Sharq mamlakatiga jo‘natdi.

7Ibrohim jami bir yuzu yetmish besh yil umr ko‘rib, vafot etdi. 8U ko‘ngli to‘q va qari, nuroniy mo‘ysafid bo‘lib olamdan o‘tdi, ota-bobolari oldiga jo‘nadi. 9O‘g‘illari Is’hoq va Ismoil uni Mamre qarshisidagi hetiy So‘har o‘g‘li Afronga qarashli bo‘lgan, Maxpela degan dalaning g‘origa dafn etdilar. 10Ibrohim hetiylardan sotib olgan ushbu dalada o‘zi va xotini Soro ko‘mildilar.

11Ibrohimning vafotidan keyin uning o‘g‘li Is’hoq Xudodan ko‘p baraka topdi. Is’hoq «Barhayot Tangri ko‘zi» degan quduq yaqinida istiqomat qildi.

 

Ismoilning nasl-nasab tarixi

 

12Soroning cho‘risi misrlik Hojar tuqqan, Ibrohim o‘g‘li bo‘lgan Ismoilning nasl-nasab tarixi quyidadir. 13Ismoil o‘g‘illarining avlod-ajdod shajarasi ismlari bo‘yicha: Ismoilning to‘ng‘ichi Navoyo‘t, so‘ng Qedor, Adboil, Mibsom, 14Mishmo, Dumo, Masso, 15Hadad bilan Temo, Yatur, Nafish va Qedmo. 16Bu Ismoil o‘g‘illari nomlari ismoiliylarning o‘n ikki qabilasi va ularning yo‘lboshchilari, shuningdek, ovullari va manzillariga o‘tgan. 17Ismoil jami bo‘lib bir yuz o‘ttiz yetti yil yashab, o‘ldi. U olamdan o‘tib, o‘zining ota-bobolari oldiga jo‘nadi. 18Ismoiliylar Havila diyoridan to Misr chegarasi yaqinligidagi Assiriya yo‘lida joylashgan Shur cho‘ligacha tarqalib o‘rnashganlar. Avval aytilganidek, ular barcha qarindoshlari bilan qarama-qarshi tushib turar edilar.

 

Esov bilan Yoqubning tug‘ilishi

 

19Ibrohim o‘g‘li Is’hoqning nasl-nasab tarixi shudir: Ibrohim Is’hoqning otasi edi. 20Is’hoq Mesopotamiyadan aramiy Batuilning qizi va aramiy Lobonning singlisi bo‘lgan Rivqoni o‘ziga xotinlikka olganida qirq yashar edi.

21Is’hoqning xotini farzandsiz yurardi. Is’hoq u uchun Xudovandga ko‘p iltijo qilardi. Uning iltijosi ijobat bo‘lib, Rivqo homilador bo‘ldi. 22Uning qornidagi o‘g‘illari talashadigan bo‘lib qoldilar. Shunda Rivqo: «Agar bunday bo‘lsa, menga nima keragi bor?» – dedi va Xudovandga murojaat etgani bordi.

23Xudovand unga dedi:

«Sening qorningda ikkita xalq bor,

Ichingdan ikkita el ayrilib chiqajak.

Bir xalq ikkinchisidan zo‘r chiqib,

Kattasi kichigiga qul bo‘lajak!»

24Rivqoning oy-kuni to‘lib, tug‘ish vaqti keldi, ko‘rsaki, qornida egizak bor ekan. 25Birinchi tug‘ilgan bolaning butun tanasi qizg‘ish va po‘stindek serjun edi. Shu tufayli uning ismini Esov (ya’ni Serjun) qo‘ydilar. 26Keyinroq uning ukasi onasi qornidan chiqayotganda, u akasi Esovning tovonini qo‘li bilan ushlab turgan edi. Shuning uchun unga Yoqub (ya’ni Tovon Ushlagan) otini berdilar. Bular tug‘ilganida Is’hoq oltmish yashar edi.

 

Esov ukasiga to‘ng‘ichligini sotgani

 

27Bolalar o‘sib katta bo‘lishdi. Esov mohir ovchi, dala-dasht odami, Yoqub esa chodirda yashovchi beozor odam bo‘ldi. 28Is’hoq ovga o‘ch bo‘lganidan, Esovni sevardi. Rivqo esa Yoqubni sevardi.

29Bir kuni Yoqub shavla pishirgan edi. Esov daladan charchab kelib, 30Yoqubga:

– Menga yeyishga shu qizilidan ber, ana shu qizilidan! Men juda charchab ketdim, – dedi. Shu sababli u Edo‘m deb ham nom oldi.

31– Hozirning o‘zida menga to‘ng‘ichligingni sot! – dedi Yoqub. 32Esov:

– Men jonimni nuqul hovuchlab yursam, to‘ng‘ichlikdan menga nima foyda? – dedi. 33Yoqub:

– Hozirning o‘zida menga qasamyod qil! – dedi.

O‘shanda Esov Yoqubga qasamyod qilib, o‘zining to‘ng‘ichligini unga sotdi. 34Yoqub esa Esovga non va yasmiq shavla berdi. Esov yedi, ichdi va turib ketdi. Shunday qilib, Esov o‘zining to‘ng‘ichligini xo‘rlab tashladi.

 

26–BOB - IBTIDO

 

Is’hoq Garor shahrida

 

1Ibrohim davrida bo‘lgan avvalgi qahatchilikdan keyin mamlakatda yana qahatchilik yuz berdi. Is’hoq Garor shahriga, filistiylar shohi Abumalikning oldiga bordi. 2Xudovand unga zohir bo‘lib: «Misrga borma, lekin Men senga aytadigan yerda istiqomat qilgin, – dedi. 3– Shu yerda musofir bo‘lib turgin. Men sen bilan bo‘lib, seni barakali qilaman. Mana shu yerlarning hammasini senga va sening zurriyotingga beraman, otang Ibrohimga ichgan qasamimni bajo keltiraman. 4Sening zurriyotingni falakdagi yulduzlarday ko‘paytirib, shu yerlarning hammasini ularga beraman. Yer yuzining hamma xalqlari sening zurriyotingdan baraka topadilar. 5Chunki Ibrohim o‘zi Mening gapimga quloq soldi, farmonu qonunlarimga, tartibu ta’limotlarimga rioya qilib yurdi».

6Shunday qilib, Is’hoq Garor shahrida maskan qildi. 7Bu shaharning odamlari undan xotini haqida so‘raganlarida, u xotinini singlim deb aytdi. «Rivqo chiroyli, mabodo bu joyning odamlari shu sababdan meni o‘ldirmasinlar», – deb o‘ylab, uni xotinim deb aytishga qo‘rqar edi.

8Is’hoq u yerda yashayotganiga bir muncha vaqt bo‘lgan edi. Bir kuni filistiylarning shohi Abumalik darchadan ko‘z tashlab qarasa, Is’hoq xotini Rivqo bilan sho‘xlik qilayotgan ekan. 9Abumalik shu zahoti Is’hoqni chaqirtib:

– Bu sening xotining ekan-da! Nega sen uni singlim deb aytding? – dedi. Is’hoq unga:

– Meni u tufayli o‘ldirishadi, deb qo‘rqdim, – dedi.

10– Bu nima qilganing? Xalq orasidan kimdir xotining bilan yotishiga oz qoldi-ku. Shunday bo‘lganda, sen boshimizga katta gunoh keltirar eding! – dedi Abumalik.

11So‘ng Abumalik butun xalqqa amr qilib:

– Kimki bu odamga yoki xotiniga qo‘l tegizsa, albatta o‘ldiriladi! – dedi.

 

Is’hoq topgan baraka va filistiylarning hasadi

 

12Is’hoq u yerda ekin ekdi va o‘sha yili yuz barobar ko‘p hosil ko‘tardi. Xudovand unga baraka bergani uchun, 13Is’hoq juda boyib ketib, g‘oyat ulug‘ kishi bo‘lib qoldi. 14Uning qo‘y suruvlari, sigir podalari va qullarining sanog‘iga yetib bo‘lmas edi. Shuning uchun filistiylar unga hasad qilardi. 15Otasi Ibrohim tirikligida uning qullari qazigan quduqlarning hammasini filistiylar tuproq to‘ldirib, ko‘mib tashladilar.

16Abumalik Is’hoqqa:

– Bizning yerimizdan ket, chunki sen bizlardan ancha kuchliroq bo‘lib ketding, – dedi.

17Shundan keyin Is’hoq u yerdan jo‘nadi va Garor vodiysida manzil qilib, o‘rnashib oldi. 18Otasi Ibrohim davrida qazilgan va uning vafotidan keyin filistiylar ko‘mib tashlagan quduqlarni Is’hoq yana qazib, otasi qo‘ygan avvalgi nomlarni qo‘ydi.

19Is’hoqning qullari u vodiyni qazib, u yerda qaynab chiqayotgan buloqni topdilar. 20Garor cho‘ponlari esa: «Bu suv bizniki», – deb Is’hoqning cho‘ponlari bilan janjal qildilar. Ular bilan ancha talash-tortish qilganlari uchun Is’hoq u quduqni Asaq (ya’ni Talashuv) deb atadi.

21So‘ngra boshqa bir quduq qazidilar. U uchun ham janjal qilishgach, uni Sitna (ya’ni Tuhmat) deb atadi.

22U yerdan ko‘chib, yana boshqa bir quduq qazidilar. Bu gal janjallashmadilar va Is’hoq: «Xudovand bizga kenglik berdi; endi biz mamlakatda yoyilib boramiz», – deya, quduqqa Rahovot (ya’ni Kenglik) deb nom berdi.

23U joydan Is’hoq Be’r-Shevaga ko‘chib ketdi. 24Xudovand o‘sha kechasi unga zohir bo‘lib: «Men otang Ibrohimning Xudosiman. Qo‘rqma, Men sen bilan. Bandam Ibrohim xotiri uchun Men seni barakali qilib, zurriyotingni ko‘paytiraman», – dedi. 25Is’hoq esa o‘sha yerda qurbongoh tiklab, Xudovand ismini chaqirdi. O‘sha yerda chodirini qurdi va uning qullari shu yerdan quduq qazishdi.

 

Is’hoq bilan Abumalik orasidagi ahdlashuv

 

26Abumalik bilan maslahatchisi Ahuzat va lashkarboshisi Pixo‘l Garordan Is’hoqning oldiga borishdi. 27Is’hoq ularga:

– Nega mening oldimga keldingizlar? Sizlar meni yomon ko‘rib, orangizdan chiqarib yuborgan edingizlar-ku! – dedi.

28Ular esa:

– Bizlarga ochiq ayon bo‘ldiki, Xudovand sen bilan ekan. Shuning uchun ham sen bilan biz oramizda endi qasam bo‘lsin, dedik. 29Biz senga zarar yetkazmaganmiz, senga faqat yaxshilik qilganmiz, seni eson-omon jo‘natib yuborganmiz. Endi sen ham bizga yomonlik qilmasliging haqida ahd qilaylik. Mana, Xudovand seni barakali qilgan, – deyishdi.

30Is’hoq ularga ziyofat berdi. Ular yeb-ichishdi. 31Erta bilan turib, bir-biriga qasamyod qilishdi. Is’hoq ularni kuzatdi va ular Is’hoqning oldidan eson-omon ketishdi.

32O‘sha kuni Is’hoqning qullari kelib: «Biz suv topdik», – deb o‘zlari qaziyotgan quduq haqida uni ogoh qildilar. 33Is’hoq u quduqning otini Shiv’a (ya’ni Qasamyod) qo‘ydi. Shu sababdan u shaharning oti bugunga qadar Be’r-Shevadir.

 

Esovning begona xotinlari

 

34Esov qirq yoshida hetiy Be’riyning qizi Yahuditni va hetiy Eylonning qizi Bo‘smatni xotinlikka oldi. 35Bu kelinlar Is’hoq bilan Rivqoni jonidan to‘ydirdi.

 

27–BOB - IBTIDO

 

Is’hoq to‘ng‘ichini duo qilmoqchi

 

1Is’hoq qarib, ko‘zlari xiralashib qolgan chog‘da, u katta o‘g‘li Esovni yoniga chaqirib:

– O‘g‘lim! – dedi.

– Labbay! – dedi Esov.

2– Mana, men endi qarib qoldim, ajalim keladigan kunni bilmayman. 3Endi sen o‘q-yoy va sadoqni olib dashtga bor, men uchun ov qilib kel. 4Men yaxshi ko‘rgan taomdan tayyor qilib keltir, toki men yeb, o‘lmasimdan oldin, jonim tanimda borida seni duo qilayin, – dedi.

5Is’hoq o‘g‘li Esovga gapirayotgan vaqtda, onasi Rivqo eshitib turgan edi. Esov ov qilib kelish uchun dashtga ketganidan keyin, 6Rivqo o‘g‘li Yoqubga dedi:

– Men otangning akang Esovga aytgan gapini eshitdim. U Esovga: 7«Menga ov qilib kel, men yaxshi ko‘rgan taomdan tayyor qil, – dedi, – o‘lishimdan oldin seni Xudovand huzurida duo qilayin», – dedi. 8Endi o‘g‘lim, mening gapimga quloq sol! 9Qo‘tonga borib, u yerdan menga ikkita yaxshi uloq olib kel. Men ulardan otang yaxshi ko‘radigan taomni tayyorlayman. 10Sen otangga olib borib unga yedirasan, toki u seni o‘limidan oldin duo qilsin.

11Yoqub onasi Rivqoga:

– Esov akam serjun odam, mening terim esa silliqqina. 12Bordiyu otam meni paypaslab ko‘rsa, men uning oldida aldamchi bo‘lib qolaman-u, o‘zimga duo o‘rniga la’nat olaman, – dedi. 13Onasi unga:

– Sen oladigan la’nat mening bo‘ynimga bo‘lsin, o‘g‘lim. Sen gapimga quloq sol, qani endi borib, men aytganni olib kel! – dedi.

14Shunda Yoqub borib, onasiga istaganini olib keldi. Onasi esa Yoqubning otasi yaxshi ko‘radigan taomni tayyor qilib qo‘ydi. 15Uyda katta o‘g‘li Esovning saqlanayotgan eng chiroyli kiyimlarini olib, kichik o‘g‘li Yoqubga kiygizdi. 16Uning qo‘llarini va bo‘ynining silliq joyini esa so‘yilgan uloqlarning terisi bilan yopdi. 17So‘ng u tayyorlagan lazzatli taom bilan nonni o‘g‘li Yoqubning qo‘liga berdi.

 

Yoqub akasining duosini o‘g‘irlagani

 

18Yoqub otasi yoniga kelib:

– Ota! – dedi.

– Labbay o‘g‘lim, sen kimsan? – dedi u. 19Yoqub otasiga:

– Men sizning to‘ng‘ichingiz Esovman. Siz aytgandek qildim. Marhamat dasturxonga o‘tirib, ovimdan tayyorlangan taomdan yeng, toki meni tirikligingizda duo qiling, – dedi.

20Is’hoq o‘g‘lidan:

– Qanday qilib bunchalik tez topding, o‘g‘lim? – deb so‘radi.

– Xudovand, sizning Xudoyingiz menga ro‘para qildi, – dedi u. 21Is’hoq Yoqubga:

– Yaqinroq kel-chi, o‘g‘lim, men seni bir paypaslab ko‘rayin, sen o‘g‘lim Esovmisan, yoki yo‘qmi? – dedi.

22Yoqub otasi Is’hoqqa yaqinlashgach, otasi uni paypaslab ko‘rdi-da:

– Ovoz – Yoqubning ovoziyu, ammo qo‘llar – Esovning qo‘llari, – dedi. 23Uni tanimadi, chunki uning qo‘llari akasi Esovning qo‘llariday serjun tuyular edi. Baribir uni duo qildi. 24Bir ozdan keyin yana so‘radi:

– Sen o‘g‘lim Esovmisan?

– Ha, menman, – dedi u.

25– Unday bo‘lsa, mayli, menga ovingning o‘ljasidan keltirib ber, o‘g‘lim. Men uni yeb, jonim borida seni duo qilayin, – dedi.

Yoqub o‘ljasidan otasiga keltirib berdi, otasi yedi. Sharob keltirdi, uni ham ichdi.

26So‘ng Is’hoq Yoqubga:

– Yaqinroq kelib meni o‘pgin, o‘g‘lim! – dedi. 27U yaqinlashib otasini o‘pdi. Is’hoq o‘g‘lining kiyimini iskab, uni duo qilib dedi:

«Mana, o‘g‘limning isi –

Xudovand muborak qilgan dashtning isiday!

28Xudo senga ko‘k shabnamini va yer semizligini,

G‘alla ham uzum farovonligini ato etsin.

29Xalqlar senga qaram bo‘lsin,

Uluslar senga bo‘yin sunsin.

Aka-ukalaringga sarvar bo‘lgil,

Og‘a-inilaring senga bo‘ysunsin.

Senga la’nat o‘qiganlar la’nati bo‘lgay,

Seni duo qiluvchilar muborak bo‘lgay».

 

Is’hoq Esovni duo qilolmagani

 

30Yoqub Is’hoqning duosini endigina olib, otasi oldidan tashqariga chiqqan ham ediki, akasi Esov ovdan qaytib kelib qoldi. 31U ham lazzatli taom tayyorladi va otasiga keltirib:

– Ota! Marhamat qilib o‘g‘lingizning ovidan tayyorlangan taomdan yeng, toki joningiz borida meni duo qilgaysiz, – dedi. 32Otasi Is’hoq undan:

– Sen kimsan? – deb so‘radi.

– Men to‘ng‘ich o‘g‘lingiz Esovman, – dedi u.

33Shunda Is’hoqni g‘oyat shiddatli titroq bosdi:

– Anavi ov ovlab menga keltirgan kim edi, axir? Sening kelishingdan oldin men kimning ovi o‘ljasidan yeb uni duo qilgan bo‘lsam, o‘sha tabarruk bo‘ladi, – dedi.

34Esov otasining so‘zlarini eshitgach, baland va g‘oyat achchiq faryod ko‘tarib:

– Ota, meni ham duo qilsangiz-chi! – deb otasiga yolvordi.

35– Ukang hiyla ishlatib, sening duoyingni olib ketdi-ku, axir, – dedi otasi. 36Esov:

– Unga Yoqub deb ot qo‘yishlari bekorga emas-da! Ikki marta u meni aldadi: avval to‘ng‘ichligimni oldi, mana endi duoyimni ham olib ketibdi! – dedi.

So‘ng u yana so‘radi:

– Men uchun biron duo qoldirmadingizmi?

37Is’hoq javob berib:

– Men ukangni senga sarvar qildim, hamma birodarlarini ham unga qul qilib berdim. G‘alla va uzum ne’mati bilan uni ta’minladim. Endi sen uchun nima qilayin, o‘g‘lim? – dedi.

38Esov otasiga:

– Ota, nahotki duo sizda bittagina bo‘lsa? Ota, meni ham duo qiling! – deb qattiq dod solib yig‘ladi. 39Otasi Is’hoq unga shunday javob berdi:

«Sening maskaning unumdor yerlardan yiroq,

Yuqoridan tushgan ko‘k shabnamidan yiroq bo‘lgay.

40Sen qiliching tig‘ida yashab,

Ukangga qaram bo‘lgaysan.

Bir vaqt silkinganingda esa,

Uning zulmini bo‘yningdan tashlarsan».

 

Yoqubni qochirib uylantirmoqchilar

 

41Yoqub otasining duosini olgani sababli, Esov ukasini yomon ko‘rib qoldi. Esov: «Otamning kuni bityapti, ana o‘shanda ukam Yoqubni o‘ldiraman», – deb o‘ylab yurdi.

42Rivqo bibi katta o‘g‘li Esovning fikridan xabardor bo‘lgach, kichik o‘g‘li Yoqubni chaqirib unga dedi: «Mana, akang Esov sendan o‘ch olmoqchi, seni o‘ldirish niyatida yuribdi. 43Endi o‘g‘lim, mening so‘zimga quloq sol: sen bu yerdan chiqib, Horonga, akam Lobonning yoniga qochib ket. 44Akang g‘azabidan tushmaguncha, sen bir muddat Lobonning yonida yashagin. 45Qo‘y, akangning g‘azabi sendan qaytsin, unga qilgan ishing esidan chiqsin, o‘shanda men kishi yuborib seni u yerdan oldirib kelarman. Aks holda men bir kunning o‘zida ikkovlaringizdan ham mahrum bo‘lib qolaman-ku!»

46Keyin Rivqo Is’hoqqa so‘zlab: «Hetiy kelinlarimiz dastidan men jonimdan bezor bo‘ldim. Agar Yoqub ham bu yerning qizlari – Het qizlaridan xotin olsa, unda menga yashashning nima keragi bor?» – dedi.

 

28–BOB - IBTIDO

 

1Shunda Is’hoq Yoqubni chaqirib, uni duo qildi va shunday vasiyat qildi:

«Kan’on qizlaridan xotin olma. 2Bu yerdan chiqib, Mesopotamiyaga, onangning otasi Batuilning xonadoniga ket. U yerdan onangning akasi Lobonning qizlaridan o‘zingga xotin ol. 3Qodir Tangri seni barakali qilsin, senga farovonlik berib, naslingni ko‘paytirsin, sendan xalqlar jamoatini vujudga keltirsin. 4Ibrohimning barakatini senga hamda zurriyotingga bersin, toki sen musofir bo‘lib yurgan yerni – Xudo Ibrohimga bergan yerni egallab olgin».

5Shuni aytib, Is’hoq Yoqubni jo‘natdi. Yoqub Mesopotamiyaga, o‘zining va Esovning onasi Rivqoning akasi aramiy Batuilning o‘g‘li Lobonning oldiga bordi.

 

Esovning yana xotin olgani

 

6Is’hoq Yoqubni duo qilib, o‘ziga xotin olishi uchun uni Mesopotamiyaga yuborayotganini, uni duo qilayotganida esa «Kan’on qizlaridan xotin olma», deb buyurganini Esov eshitgan edi. 7Yoqub ota-onasining gapiga quloq solib, Mesopotamiyaga ketdi. 8Esov esa Kan’on qizlari otasi Is’hoqqa yoqmaganini bilib, 9Ibrohim o‘g‘li Ismoilning oldiga bordi va allaqachon olgan xotinlari ustiga Ismoilning qizi, Navoyo‘tning singlisi Maholatni o‘ziga xotinlikka oldi.

 

Yoqubning narvon haqida ko‘rgan tushi

 

10Yoqub Be’r-Sheva shahridan jo‘nab, Horonga qarab yo‘l oldi. 11Quyosh botay degan paytda u biron joyga tushib, tunamoqchi bo‘ldi. Atrofdagi toshlardan birini oldi-da, boshi tagiga qo‘yib yotdi.

12U uxlar ekan, tushida tik turgan narvonni ko‘rdi. Narvonning bir uchi yerga, bir uchi osmonga tegib turar, Xudoning farishtalari esa unda chiqib tushayotgan edilar. 13Xudovandning O‘zi ham narvonning ustida turganicha, shunday gapirdi: «Men – Xudovand, otang Ibrohimning va Is’hoqning Xudosiman. Sen yotgan yerni Men senga va zurriyotingga beraman. 14Sening zurriyoting yerning qumidek ko‘p bo‘ladi. G‘arbu sharqqa, shimolu janubga yoyilib borasan. Sendan va zurriyotingdan yer yuzidagi hamma qabilalar baraka topadilar. 15Mana, Men sen bilan. Qayerga bormagil, Men seni asrayman, seni yana shu yerga qaytaraman. Senga aytganlarimni to bajo keltirmagunimcha, seni tark etmayman».

16Yoqub uyg‘ongach: «Chindan ham bu yerda Xudovand bor ekan, men esa bilmabman!» – dedi. 17U juda vahimaga tushib: «Qanday qo‘rqinchli bu joy! Bu Xudoning uyidan boshqa narsa emas, bu osmon qopqasidir!» – dedi.

18Erta bilan Yoqub o‘rnidan turdi-da, boshi tagiga qo‘ygan toshni olib, uni yodgorlik qilib tikladi, uni Xudoga bag‘ishlash uchun ustidan moy quydi. 19Ilgari Luz deb nomlangan bu shaharga Baytil (ya’ni Xudo uyi) nomini berdi. 20Yoqub nazr atab, dedi: «Agar Xudo men bilan bo‘lib, borayotgan shu yo‘limda meni asrasa, menga yeyishim uchun non, kiyishim uchun kiyim-kechak berib tursa, 21meni eson-omon otamning uyiga qaytarib keltirsa, unda Xudovandni o‘zimning yagona Xudoyim bilaman. 22Men yodgorlik qilib tiklagan shu toshning o‘zi Xudoning uyi bo‘ladi. Menga Sen nimaiki bersang, o‘ndan bir qismini Senga ushr qilib beraman».

 

29–BOB - IBTIDO

 

Yoqubning Lobon oldiga borishi

 

1Yoqub yo‘l yurib, sharqiylar o‘lkasiga yetib bordi. 2U bir ko‘z tashlab qarasa, dashtda bir quduq, quduq yaqinida esa uchta qo‘y suruvi yotganini ko‘rdi. U yer odamlari bu quduqdan suruvlarini sug‘orib yurishar ekan. Quduqning og‘zida katta tosh bor edi. 3Hamma suruvlarini u yerga haydab kelishar va quduq og‘zidan toshni yumalatib, qo‘ylarini sug‘orib, quduqni yana tosh bilan yopib qo‘yib yurishar ekan.

4Yoqub u yerdagilardan so‘radi:

– Ey birodarlarim, qayerdansizlar?

– Biz Horondanmiz, – dedi ular. 5Yoqub so‘radi:

– Naho‘rning o‘g‘li Lobonni taniysizlarmi?

– Taniymiz, – deyishdi. 6Yoqub:

– O‘zi sog‘-salomatmi? – dedi. Ular:

– Sog‘-salomat. Mana, hozir uning qizi Rohila qo‘ylari bilan kelyapti, – deyishdi. 7Yoqub:

– Hali kun botishiga ancha bor, chorvani to‘dalaydigan payt bo‘lgani yo‘q. Sizlar qo‘ylarni sug‘orib, yana borib o‘tlatinglar, – dedi. 8Ular:

– Hamma suruvlarni yig‘ib, quduq og‘zidan toshni yumalatmaguncha, biz qo‘ylarni sug‘ora olmaymiz, – dedilar.

9Yoqub bular bilan hanuz gaplashib turar ekan, Rohila otasining qo‘ylari bilan kelib qoldi. Chunki qo‘ylarni u boqardi. 10Yoqub tog‘asi Lobonning qizi Rohilani va qo‘ylarini ko‘rishi bilanoq, quduqqa borib uning og‘zidan toshni yumalatib yubordi-da, tog‘asi Lobonning qo‘ylarini sug‘ordi. 11So‘ng Yoqub Rohilani o‘pib, baland ovoz bilan yig‘lab yubordi. 12U Rohilaga uning otasining jiyani va ammasi Rivqoning o‘g‘li ekanini bildirdi. Shunda Rohila yugurib borib, otasiga xabar qildi. 13Lobon singlisining o‘g‘li Yoqub kelganini eshitgan zahoti uni qarshilamoq uchun chopib bordi va uni quchoqlab, yuz-ko‘zidan o‘pdi. So‘ng Lobon uni uyiga olib keldi va Yoqub unga hamma bo‘lgan voqealarni hikoya qilib berdi.

14Lobon unga:

– Sen o‘zimning etu suyagimsan! – dedi.

 

Yoqubning xizmat yillari va uylanishi

 

Yoqub Lobonnikida bir oycha yashagandan keyin, 15Lobon Yoqubdan so‘radi:

– Nahotki sen mening jiyanim bo‘la turib, menga tekin xizmat qilarkansan? Menga ayt-chi, xizmat haqingga nima to‘lay?

16Lobonning ikki qizi bor edi: kattasining ismi Lea, kichigining ismi Rohila edi. 17Leaning ko‘zlari ojizroq, Rohila esa qaddi-qomati kelishgan, juda chiroyli qiz edi. 18Yoqub Rohilani sevib qolgani uchun, Lobonga:

– Kichik qizingiz Rohila uchun yetti yil sizga xizmat qilaman, – dedi. 19Lobon unga:

– Boshqa birovga berganimdan ko‘ra, uni senga berganim yaxshidir. Mayli, menikida turaver, – dedi.

20Shunday qilib, Yoqub Rohila uchun yetti yil xizmat qildi. Unga bo‘lgan muhabbati sababli yetti yil uning ko‘ziga bir necha kundek ko‘rindi. 21Oxiri Yoqub Lobonga:

– Mening muddatim tugadi, endi xotinimni bering, men uning yoniga kirayin, – dedi.

22Lobon u yerning hamma aholisini to‘plab, bazm qildi. 23Kechasi esa qizi Leani Yoqubning oldiga keltirdi. Yoqub u bilan yotdi. 24(Lobon o‘zining cho‘risi Zilpani qizi Leaga cho‘rilikka bergan edi.)

25Erta bilan Yoqub turib ko‘rsaki, u Lea ekan! U Lobonga borib:

– Bu nima qilganingiz? Men sizga Rohila uchun xizmat qilmagandimmi? Nega meni aldadingiz? – dedi. 26Lobon unga:

– Bizning makonimizda kichikni kattadan oldin berish odati yo‘q. 27Mayli, Leaning kelinlik haftasi tugasin, o‘shanda men Rohilani ham senga beraman, agar uning evaziga menikida yana yetti yil xizmat qilsang, – dedi.

28Yoqub bunga ko‘ndi. Leaning kelinlik haftasi o‘tgandan keyin, Lobon qizi Rohilani ham Yoqubga xotinlikka berdi. 29(Lobon o‘zining cho‘risi Bilhani qizi Rohilaga cho‘rilikka bergan edi.) 30Yoqub Rohila bilan ham yotdi. Uni Leadan ko‘proq sevardi. Shunday qilib, Yoqub Lobonnikida yana yetti yil xizmat qildi.

 

Yoqubning Leadan tug‘ilgan o‘g‘illari

 

31Xudovand Leaning eriga sevimsiz ekanini ko‘rib, uni tug‘adigan qildi. Rohila esa pushtsiz edi. 32Lea homilador bo‘lib bir o‘g‘il tug‘di. U: «Xudovand mening musibatimni ko‘rdi, erim endi meni sevadi», – deb, o‘g‘liga Ruben (ya’ni o‘g‘ilni ko‘ring) ismini qo‘ydi. 33U yana homilador bo‘lib bir o‘g‘il tug‘di. Bu gal u: «Xudovand mening sevimsizligimdan qulog‘ini bekitmay, menga buni ham berdi», – deb, o‘g‘liga Shim’o‘n (ya’ni Eshituvchi) ismini berdi. 34U yana homilador bo‘lib bir o‘g‘il tug‘di va: «Endi bu safar erim menga bog‘lanadi, chunki men unga uch o‘g‘il tug‘ib berdim», – dedi, o‘g‘lini Leviy (ya’ni Bog‘langan) deb atadi. 35U yana homilador bo‘lib bir o‘g‘il tug‘di va: «Bu gal men Xudovandga shukur qilaman», – dedi, o‘g‘liga Yahudo (ya’ni Shukur) ismini qo‘ydi.

Shundan keyin u tug‘ishdan qoldi.

 

30–BOB - IBTIDO

 

Yoqubning cho‘rilaridan tug‘ilgan o‘g‘illari

 

1Rohila Yoqubga bola tug‘olmagach, opasiga hasad qila boshladi. U Yoqubga:

– Menga farzand bering, bo‘lmasa o‘laman! – dedi. 2Lekin Yoqub Rohilaga g‘azablanib:

– Nahotki men seni onalik baxtidan bebahra qilgan Xudoning o‘rnida bo‘lsam?! – dedi. 3Rohila:

– Mana cho‘rim Bilha bilan yoting. Men uni o‘z tizzalarimga olib tug‘diraman, bolasiga doya ham, ona ham bo‘laman, – dedi.

4Shunday qilib, Rohila o‘zining cho‘risi Bilhani eriga xotinlikka berdi va Yoqub u bilan yotdi. 5Bilha homilador bo‘lib, Yoqubga bir o‘g‘il tug‘ib berdi. 6Shunda Rohila: «Xudo meni himoya qildi, faryodimni eshitib menga bir o‘g‘il berdi», – dedi va o‘g‘lining otini Dan (ya’ni Himoyachi) qo‘ydi. 7So‘ngra Rohilaning cho‘risi Bilha yana homilador bo‘lib, Yoqubga ikkinchi bir o‘g‘il tug‘ib berdi. 8Rohila: «Men opamni ilohiy kurash bilan yengdim», – dedi va o‘g‘liga Naftoli (ya’ni Kurashchi) ismini qo‘ydi.

9Lea tug‘ishdan qolganini bilgach, o‘zining o‘rniga cho‘risi Zilpani Yoqubga xotinlikka berdi. 10Leaning cho‘risi Zilpa ham Yoqubga bir o‘g‘il tug‘ib berdi. 11Shunda Lea: «Toleim keldi», – deb, uning otini Gad (ya’ni Tole) qo‘ydi. 12Leaning cho‘risi Zilpa Yoqubga ikkinchi bir o‘g‘il tug‘ib berdi. 13Shunda Lea: «Men qanday baxtiyorman, endi ayollar meni baxtiyor deyishadi», – deb, o‘g‘liga Osher (ya’ni Baxtiyor) degan nom berdi.

 

Rohilaga mehrigiyohlar, Leaga o‘g‘illar

 

14Ruben bug‘doy o‘rimi vaqtida dalaga bordi. Dalada mehrigiyohlarni topib, onasi Leaga keltirdi. Shunda Rohila Leaga:

– O‘g‘lingning mehrigiyohlaridan menga ham ber! – dedi. 15Ammo Lea unga:

– Erimni olganing kammi, o‘g‘limning mehrigiyohlarini ham olmoqchimisan? – dedi.

– Mayli, o‘g‘lingning mehrigiyohlari evaziga bu kecha erim sen bilan yotsin, – dedi Rohila.

16Kechqurun Yoqub daladan kelgach, Lea uni qarshi olgani chiqdi-da, unga:

– Siz mening yotog‘imga kiring, chunki men sizni o‘g‘lim topgan mehrigiyohlar evaziga sotib oldim, – dedi.

Yoqub o‘sha kecha Lea bilan yotdi. 17Xudo esa Leani eshitdi; u homilador bo‘lib Yoqubga beshinchi bir o‘g‘il tug‘ib berdi. 18Shunda Lea: «Cho‘rimni erimga berganim uchun Xudo menga mukofot berdi», – dedi, o‘g‘lini Issoxor (ya’ni Mukofot) deb atadi. 19Lea yana homilador bo‘lib, Yoqubga oltinchi o‘g‘il tug‘ib berdi. 20Lea: «Xudo menga yaxshi hadya berdi; men erimga olti o‘g‘il tug‘ib berganim uchun u endi menga e’tibor beradi», – dedi va o‘g‘lining otini Zavulun (ya’ni Mo‘tabar) qo‘ydi.

21Keyinroq u qiz tug‘ib, ismini Dina qo‘ydi.

 

Yusuf – Rohilaning o‘g‘li

 

22Rohilani esa Xudo unutmagan edi. Xudo uning nolasini eshitib, uni tug‘adigan qildi. 23Rohila homilador bo‘lib bir o‘g‘il tug‘di. U: «Xudo mening sharmandaligimni oradan ko‘tardi», – dedi. 24So‘ng: «Xudovand menga boshqa bir o‘g‘il ham qo‘shib bersin», – dedi va o‘g‘lining ismini Yusuf qo‘ydi.

 

Yoqubning topgan boyligi

 

25Rohila Yusufni tuqqanidan keyin, Yoqub Lobonga dedi:

– Menga javob bering, men o‘z makonimga, o‘z mamlakatimga ketayin. 26Men xotinlarim va bolalarim uchun sizga xizmat qilganman, endi ularni o‘zimga bering va men ketaman. Men sizga qanday xolis xizmat qilib kelganimni o‘zingiz bilasiz, – dedi. 27Lobon unga:

– Menga iltifot qilib so‘zimni tingla! Men-ku: «Xayrli folim bor», deb aytib yurgan ekanman, Xudovand meni sen tufayli barakali qilgan ekan. 28Menga xizmat haqingni ayt, senga beraman, – dedi. 29Yoqub:

– Sizga ko‘rsatgan xizmatim samarasini o‘zingiz ko‘ryapsiz. Men kelganimda, chorvalaringizning ahvoli qandayligini esingizga keltiring-chi. 30Men kelganimdan oldin sizning molingiz ozgina edi, keyinchalik o‘sib ko‘paydi. Men har qadam otganimda, Xudovand sizni ham barakali qildi. Lekin men o‘z uy-ro‘zg‘orimni qachon boqar ekanman? – dedi. 31Lobon:

– Senga nima beray? – dedi.

– Menga hech narsa bermang, – dedi Yoqub. – Men yana sizning podalaringizni boqib cho‘ponligimni davom ettiraman, agar siz quyidagi shartimga rozi bo‘lsangiz: 32Men bugun barcha podalaringiz ichidan o‘taman. Qo‘ylardan qora, ola yoki xoldor bo‘lganini, shuningdek, echkilardan ham ola yoki xoldor bo‘lganini podadan ajratib qo‘yaman. Shu hayvonlar mening xizmat haqim bo‘ladi. 33Siz keyinchalik mening xizmat haqimni tekshirgani kelganingizda, ko‘nglim tozaligi sizning ko‘z o‘ngingizda ravshan bo‘ladi. Echkilarimdan qaysi biri ola yoki xoldor bo‘lmasa, qo‘ylarimdan qaysi biri qora bo‘lmasa, o‘g‘irliq hisoblansin.

34Lobon:

– Mayli, sen aytgandek bo‘lsin, – dedi-yu, 35o‘sha kunning o‘zida tanasida oqi bor barcha ola, chipor va xoldor takalar hamda echkilarni, shuningdek, barcha qora qo‘ylarni podadan ayirib qo‘ydi-da, o‘g‘illarining qaramog‘iga topshirdi. 36U o‘zi bilan Yoqub orasidagi masofani uch kunlik yo‘l qilib belgiladi. Shunday qilib, Yoqub Lobonning qolgan qo‘ylarini boqib yuraverdi.

37Yoqub o‘ziga terak, bodom va chinor daraxtlaridan yosh novdalarni qirqib oldi. Novdalarning po‘stlog‘ini oq qavatigacha yo‘l-yo‘l qilib shilib olib, ularda oq chiziqlar paydo qildi. 38Po‘stlog‘i shilingan novdalarni esa u chorva suv ichadigan oxurlar yoniga, hayvonlarning ro‘parasiga qo‘ydi. Hayvonlar suv ichgani kelganda, novdalarning oldida juftlashib bo‘g‘oz bo‘lar edi. 39Poda bu novdalar oldida bo‘g‘oz bo‘lgandan keyin, ola-bula, chipor va xoldor tug‘ardi.

40Yoqub qo‘zilarni qo‘tondan ayirib, qo‘ylarning yuzlarini Lobonning hamma olachipor va qora hayvonlari tomonga qaratardi. Shunday qilib, u o‘ziga maxsus podalar yaratib, Lobonning chorvasi bilan birga emas, alohida qo‘yardi.

41Urg‘ochilarning baquvvatlari qochayotgan vaqtda, Yoqub ular novdalar oldida juftlashsin, deb novdalarni suv oxurlari yoniga, qo‘ylarning ro‘parasiga qo‘yardi. 42Lekin zaif urg‘ochilar qochayotgan paytda, u novdalarni qo‘ymas edi. Shunday qilib, zaif hayvonlar tuqqanlari Lobonning podalariga, baquvvatlari esa Yoqubnikiga o‘tar edi.

43Natijada Yoqub haddan ortiq boyib, juda badavlat kishi bo‘lib ketdi. Uning qo‘y-echki podalari, cho‘rilaru qullari, tuya bilan eshaklari son-sanoqsiz edi.

 

31–BOB - IBTIDO

 

Yoqubning yashirincha jo‘nab ketishi

 

1Lobonning o‘g‘illari: «Mana Yoqub otamizning hamma narsasini o‘zlashtirgan, otamizni shilib, o‘zining butun bu boyligini orttirgan», – deb aytib yurgan edilar. Bu gaplar Yoqubning qulog‘iga yetib qoldi. 2Yoqub Lobonning avzoyini ko‘rib, u ham ilgarigiday unga yaxshi ko‘z bilan qaramayotganini sezdi.

3Shu payt Xudovand Yoqubga xitob qilib: «Sen ota-bobolaring yeriga, tug‘ilgan yurtingga qaytib bor, Men sen bilan bo‘laman», – dedi.

4Yoqub kishi yuborib, Rohila va Leani o‘zining suruvlari o‘tlab yurgan yaylovga chaqirtirdi. 5Ular kelgach, Yoqub ularga: «Otangizning avzoyi yaxshi emas, u menga ilgarigiday yaxshi ko‘z bilan qaramayapti, – dedi. – Ammo otamning Xudosi men bilandir. 6Bilasizlarki, men otangizga butun kuchim bilan xizmat qildim. 7Lekin otangiz menga pand berdi, xizmat haqimni o‘n marta o‘zgartirdi. Shunga qaramay, Xudo uning menga yomonlik qilishiga yo‘l qo‘ymadi. 8Qachon u: “Xoldorlar sening xizmat haqing bo‘ladi”, – desa, butun poda xoldor tug‘ardi. Qachon u: “Chiporlar sening xizmat haqing bo‘ladi”, – desa, butun poda chipor tug‘ardi. 9Mana Xudoning O‘zi otangizning chorvasini olib menga berdi.

10Chorvalarning bo‘g‘oz bo‘lish vaqtida bir kuni tush ko‘rib qoldim. Tushimda nazar solsam, urg‘ochilarni qochirgan takalar ola, xoldor va yo‘l-yo‘l ekanlar. 11Xudoning farishtasi tushimga kirib:

– Ey Yoqub! – dedi.

– Labbay! – dedim men. 12U:

– Endi nazar solib ko‘r, urg‘ochilarni qochirgan hamma takalar ola, xoldor va yo‘l-yo‘ldirlar. Mana, Lobon sen bilan nima qilayotganini ko‘rdim. 13Men – Baytilda senga zohir bo‘lgan Xudoman. Sen u yerda yodgorlik toshigamoy surtgansan, u yerda Menga nazr atagansan. Endi tur, bu mamlakatdan chiqib, tug‘ilgan yurtingga qaytib ket, – dedi».

14Rohila bilan Lea Yoqubga javob berishdi: «Otamiz uyida bizning yana hissamiz, merosimiz qolganmikin? 15U bizlarni sotdi, pulimizni ham yedi. Bizlar endi unga begona bo‘lib qoldik. 16Shunga ko‘ra, Xudo otamizdan olib bergan butun bu boylik bizlarga va bolalarimizga tegishli. Endi Xudo sizga nima aytgan bo‘lsa, hammasini bajo keltiring», – deyishdi.

17Yoqub o‘g‘illari bilan xotinlarini tuyalarga mindirib, u yerdan qo‘zg‘aldi. 18O‘zining butun chorvasini oldiga solib, hamma orttirgan mol-mulkini, Mesopotamiyada qo‘lga kiritgan bor-yo‘g‘ini olib, Kan’on mamlakatiga, otasi Is’hoq huzuriga qarab yo‘lga tushdi. 19Lobon esa o‘sha payt qo‘ylarining junini qirqqani ketgan edi. Rohila fursatdan foydalanib, otasining uyidagi sanamlarni o‘g‘irladi. 20Shu tariqa Yoqub aramiy Lobonni aldab ketdi. O‘zining qochishidan uni ogoh qilmay, 21bor-yo‘q narsasini yig‘ishtirib, qochib ketdi. Frot daryosidan o‘tib, Gil’ad tog‘ligiga qarab jo‘nadi.

 

Yoqubning Xudodan panoh topishi

 

22Uch kun o‘tgach, Yoqubning qochganligi haqidagi xabar Lobonga yetib bordi. 23U qarindosh-urug‘larini o‘zi bilan olib yo‘lga chiqdi-da, yetti kun Yoqubning ketidan quvib, Gil’ad tog‘ligida unga yetib oldi. 24Lekin o‘sha kechasi Xudo aramiy Lobonning tushiga kirib, unga: «Ehtiyot bo‘l, Yoqubga yaxshi-yomon gaplar bilan do‘q-po‘pisa qilma!» – dedi.

25Lobon Yoqubga yetib olganida, Yoqub tepada chodir tikib yotgan edi. Lobon ham o‘zining uruG‘-aymoqlari bilan birga Gil’ad tog‘ligida chodir tikdi.

26Lobon Yoqub bilan yuzlashib:

– Sen nima qilding? – dedi. – Nega sen menga pand berib, qizlarimni harbiy asiralarday olib ketding? 27Nega meni laqillatib, o‘g‘rincha qochib ketding? Menga bildirganingda edi, men seni xursandchilik va qo‘shiqlar bilan, doyra va g‘ijjak sadolari ostida kuzatardim. 28Sen hatto nabiralarim va qizlarimni o‘pishimga ham imkon bermading. Sen ahmoqlarcha ish tutding! 29Sizlarni jazolash mening qo‘limdan kelsa kerak. Ammo o‘tgan kecha otangizning Xudosi menga xitob qilib: «Ehtiyot bo‘l, Yoqubga yaxshi-yomon gaplar bilan do‘q-po‘pisa qilma», – dedi. 30Albatta, sen endi otang uyiga borasan. O‘zimnikilarni ko‘ray, deb ko‘zing to‘rt bo‘ldi, axir. Lekin nega sen xudolarimni o‘g‘irlab ketding?

31Yoqub Lobonga javob berib:

– Men qo‘rqdim. Mabodo siz qizlaringizni mendan tortib olasiz, deb qo‘rqib yurgan edim. 32Ammo xudolaringizga kelsak, agar ularni kimning yonidan topsangiz, u tirik qolmasin! Qarindoshlarimning ko‘zi oldida hamma narsamni titkilab ko‘ring. Agar sizning biror narsangizni topsangiz, olib keting! – dedi.

Rohila sanamlarni o‘g‘irlaganini Yoqub bilmas edi. 33Lobon Yoqubning chodiriga, so‘ngra Leaning va ikkala cho‘rining chodirlariga ham kirdi, ammo sanamlarni topolmadi. Leaning chodiridan chiqib, Rohilaning chodiriga kirdi. 34Rohila esa sanamlarni tuya egarining tagiga qo‘yib qo‘ygan va uning ustida o‘tirgan edi. Lobon butun chodirni axtarib chiqdi-yu, biroq sanamlarini topolmadi.

35Shu orada Rohila otasiga:

– Janobimning huzurida o‘rnimdan turmaganimga ularning achchiqlari kelmasin, men xotinlar odatiga yo‘liqqanman, – dedi. Shunday qilib, Lobon qancha axtarsa ham, sanamlarini topolmadi.

36Yoqub esa achchiqlanib, Lobonni jerkib dedi:

– Aybim va gunohim nimaki, siz quturganday mening ketimdan quvyapsiz? 37Siz mening hamma anjomlarimni titib chiqdingiz, o‘z uy anjomlaringizdan nima topdingiz? Topgan bo‘lsangiz, qani mening va o‘zingizning qarindoshlaringiz oldida bu yerga qo‘ying. Ular ikkovimizning oramizda hukm qilsinlar. 38Mana, yigirma yildir men siznikida bo‘ldim. Sovliq qo‘ylaringiz va echkilaringiz chala tug‘madilar. Men qo‘toningizdan biron qo‘chqor ham yeganim yo‘q. 39Yovvoyi hayvonlar bo‘g‘izlab tashlaganlarini sizning oldingizga keltirmas ham edim, zararini o‘z bo‘ynimga olardim. Lekin siz kunduzi o‘g‘irlanganmi, kechasi o‘g‘irlanganmi, hammasini mendan talab etardingiz. 40Kunduzi issiqdan, kechasi sovuqdan azob chekardim. Ko‘zlarimdan uyqum qochardi. 41Mening yigirma yil umrim sizning uyingizda shunday o‘tdi. O‘n to‘rt yil ikki qizingiz uchun, olti yil chorvangiz uchun sizga xizmat qildim. Siz esa xizmat haqimni o‘n marta o‘zgartirdingiz. 42Agarda otamning Xudosi, otam Is’hoq va bobom Ibrohim qo‘rqqan Tangri men bilan bo‘lmaganida edi, endi siz hozir ham meni quruq jo‘natar edingiz. Lekin Xudo mening azobimni va qo‘llarim chekkan mashaqqatni ko‘rib, kecha meni himoya qildi.

 

Yoqub bilan Lobon orasidagi chegara bitimi

 

43Lobon Yoqubga javoban dedi:

– Bu qizlar – mening qizlarim. Bu bolalar – mening bolalarim. Bu chorva – mening chorvam. Sen ko‘rib turgan hamma narsalar – meniki. Shunday ekan, men o‘z qizlarimga va ular tuqqan bolalarga biror nima qila olsam bo‘ladimi? 44Endi kel, ikkimizning oramizda ahd qilamiz, bu ahd sen va menga guvoh bo‘ladi.

45Shunda Yoqub bir toshni olib, uni yodgorlik qilib qo‘ydi. 46So‘ng qarindoshlariga: «Tosh to‘plab kelinglar», – dedi. Ular tosh to‘plab, uyum yasadilar. O‘sha yerda, tosh uyumining ustida ovqat yedilar. 47Lobon tosh uyumini Yagar-Sahaduta, Yoqub esa Galyed deb atadi.

48Lobon: «Bugun bu tosh uyumi bizning oramizda shohiddir», – degani uchun, u yer Galyed (ya’ni Shohid Tepasi) deb atalib keladi. 49Shuningdek, tepa Mispo (ya’ni Posbonlik) deb ham atalgan. Chunki Lobon so‘zida davom etib:

– Bir-birimizni ko‘rmay qolganimizdan keyin, Xudovand ikkovimizning oramizda posbonlik qilib tursin. 50Agar qizlarimga ozor bersang yoki ular ustiga yana xotinlar olsang, bilib qo‘yginki, bizning oramizda insongina emas, balki Xudoning O‘zi shohid bo‘ladi, – dedi.

51Lobon Yoqubga yana shunday dedi:

– Men o‘rnatgan shu tosh uyumi va mana bu yodgorlik bizning oramizda qolib ketsin. 52Tepa va yodgorlikdan o‘tib, men senga, yoki sen menga zarba bermasligimizga bu tepa hamda yodgorlik guvoh bo‘lib tursin. 53Ibrohim hamda Naho‘rning, shuningdek, ularning ota-bobolarining Xudosi bizning oramizda hukm qilsin.

Shunda Yoqub otasi Is’hoq qo‘rqqan Tangri haqi qasamyod qildi. 54Yoqub tog‘ ustida mol so‘yib, xudoyi qildi va qarindoshlarini taom yemoqqa chaqirdi. Ular ovqatlanib, tog‘da tunadilar.

55Erta bilan Lobon turib, nabiralarini va qizlarini o‘pib duo qildi, yo‘lga ravona bo‘lib, o‘z makoniga qaytib ketdi.

 

32–BOB - IBTIDO

 

Yoqub akasi Esovga xabarchi yuborgani

 

1Yoqub o‘z yo‘lida ketayotgan ekan, Xudoning farishtalari unga uchrab qoldilar. 2Yoqub ularni ko‘rib: «Bu Xudoning lashkargohi-ku!» – deb yubordi, u joyni Mahanayim (ya’ni Lashkargohlar) deb atadi.

3Yoqub o‘zidan oldin Se’ir Dashti deyiladigan Edo‘m mamlakatiga, akasi Esov oldiga xabarchilar yubordi. 4Ularga buyurib dedi: «Janobim Esovga shunday deb aytinglar: “Sizning bandangiz Yoqub deyaptiki, men Lobonnikida musofir bo‘lib yashab, hozirgacha band bo‘lib qoldim. 5Shu orada men ho‘kizlar, eshaklar, qo‘y-echkilar, qulu cho‘rilar egasi bo‘ldim. Endi xabarchilarni janobimni ogoh qilish va uning iltifotiga sazovor bo‘lish uchun yubordim”».

6Xabarchilar borib kelib, Yoqubga: «Bizlar akangiz Esovning yoniga bordik. U sizning qarshingizga chiqib kelayotir, u bilan to‘rt yuz kishi bor», – deyishdi. 7Shunda Yoqub juda qo‘rqib, yuragi ziq bo‘lib ketdi. O‘zining odamlari bilan qo‘y, sigir va tuyalarni ikki manzilga ayirib qo‘ydi. 8«Agar Esov bir manzilga kelib menga zarba bersa, qolgan manzildagilar qutulib qolar», – deb o‘yladi.

9Yoqub ibodat qilib dedi: «Yo Xudoyo Xudovando, bobom Ibrohimning va otam Is’hoqning Xudosi! Sen menga: “Ona yurtingga, o‘z qavm-urug‘laringga qaytgin va Men senga ehson qilaman”, – deb aytgan eding. 10Bandangga ko‘rsatgan butun mehr-shafqatingga va sadoqatingga men sazovor emasman. Men-ku, tayog‘im bilangina ushbu O‘rdun daryosidan o‘tgan edim, endi mana, ikki manzilning egasi bo‘ldim. 11Marhamat qilib, meni akam Esovning qo‘lidan qutqazgin! Men undan juda qo‘rqaman, mabodo u kelib meni, farzandlarim bilan onalarini qirib tashlamasin. 12Sen menga degansanki: “Men senga ehson qilaman, sening zurriyotingni dengiz qumidek ko‘paytirib yuboraman, ko‘pligidan uni sanab bo‘lmaydi”».

13Yoqub o‘sha kecha u joyda tunadi. O‘zida bor narsalarning hammasidan akasi Esovga sovg‘a uchun ajratdi: 14ikki yuz bosh echki, yigirma bosh taka, ikki yuz bosh sovliq qo‘y, yigirma bosh qo‘chqor, 15o‘ttiz bosh sog‘in tuya bilan bo‘taloqlari, qirq bosh sigir bilan o‘n bosh novvos, yigirmata urg‘ochi eshak va o‘nta hangi eshak. 16Har bir podani alohida-alohida qullariga topshirib, ularga: «Mening oldimdan o‘tib boraveringlar va poda bilan poda orasida belgili masofa qoldiringlar», – dedi. 17Yana ulardan birinchisiga maxsus amr berib: «Akam Esov sen bilan uchrashib qolganda: “Kimnikisan? Qayerga boryapsan? Oldingdagi bu poda kimniki?” – deb so‘rab qolsa, 18unda deginki: “Bandangiz Yoqubnikidir, janobim Esovga Yoqubning yuborgan hadyasidir. Mana, uning o‘zi ham bizning ketimizdan kelayotir”».

19Yoqub ikkinchisiga ham, uchinchisiga ham, podalarni haydab ketayotganlarning hammasiga ham buyurib: «Esov bilan uchrashib qolganingizda, unga xuddi shunday deb aytinglar. 20Ayniqsa: “Bandangiz Yoqub orqamizdan kelayotir”, – deb ta’kidlab aytinglar», – dedi.

Yoqub: «O‘zimdan oldin borayotgan hadyalar bilan uni tinchitaman, undan keyin u bilan yuzma-yuz ko‘rishamiz, balki mendan yuz o‘girmas», – deb o‘ylar edi. 21Shunday qilib, Yoqub hadyalarni o‘zidan oldin yubordi. O‘zi esa o‘sha kecha yana manzilida tunadi.

 

Yoqubning Xudo bilan kurashuvi

 

22Hali tun o‘tmay, Yoqub o‘rnidan turdi-da, ikki xotini bilan ikki cho‘risini hamda o‘n bir bolasini olib, Yabbo‘q daryosining kechuvidan o‘tdi. 23Ularni va o‘zida bor bo‘lgan narsalarini ham daryodan o‘tkazdi. 24Oxirida yakka o‘zi qoldi va bir Zot tong otguncha u bilan kurashdi. 25U Yoqubni yenga olmagach, uning son bo‘g‘iniga urdi va soni bo‘g‘inidan chiqib ketdi.

26U Zot:

– Meni qo‘yib yubor, mana tong otdi, – dedi. Lekin Yoqub Unga:

– Meni duo qilmaguningcha, Seni qo‘yib yubormayman! – dedi. 27O‘sha Zot:

– Oting nima? – deb so‘radi. U:

– Otim Yoqub, – dedi. 28O‘sha Zot:

– Bundan buyon seni Yoqub emas, balki Isroil deydilar. Chunki sen Xudo hamda odamlar bilan kurashib, g‘olib chiqding, – dedi. 29Yoqub:

– O‘tinib so‘rayman, ismingni ayt-chi! – deb iltimos qildi. Lekin U:

– Nima uchun Mening ismimni so‘rayapsan? – dedi. So‘ng o‘sha yerda Yoqubni duo qildi.

30Yoqub esa: «Xudoni yuzma-yuz turib ko‘rdim, U jonimga ora kirdi», – dedi. Shuning uchun o‘sha joyni Panuil (ya’ni Xudo Yuzi) deb atadi. 31U Panuildan uzoqlashganda, kun yorisha boshlagan edi. U soni og‘rib, oqsab yurardi. 32Shu sababdan Isroil farzandlari bugungacha son bo‘g‘inidagi quymuch payini yemaydilar. Chunki u Zot Yoqubni naq shu joyiga urgan edi.

 

33–BOB - IBTIDO

 

Yoqub bilan Esovning uchrashuvi

 

1Yoqub nazar solib bir qaragan edi, Esov va u bilan to‘rt yuz kishi kelayotganini ko‘rdi. Shunda Yoqub bolalarini Lea, Rohila va ikki cho‘risi orasida taqsim qildi. 2Cho‘rilar va ularning bolalarini oldinga, Lea va uning bolalarini ketroqqa, Rohila bilan Yusufni esa eng orqaga qo‘ydi. 3Yoqubning o‘zi hammaning oldida borib, akasiga yaqinlashguncha yetti marta yergacha egilib ta’zim qildi.

4Esov ukasini qarshilagani yugurdi, uni quchoqlab, bo‘yniga osilib, yuz-ko‘zidan o‘pdi. Ular yig‘lashdilar. 5Esov boshini ko‘tarib qarab, xotinlar bilan bolalarni ko‘rdi.

– Bular sening kiming bo‘ladilar? – deb so‘radi.

– Bular sizning bandangizga Xudo ehson qilgan bolalardir, – dedi Yoqub.

6Shunda cho‘rilar bilan bolalari ham yaqinlashib, ta’zim qilishdi. 7So‘ngra Lea bilan bolalari, oxirida esa Yusuf bilan Rohila ham hammalari yaqinlashib, ta’zim qilishdi.

8Esov so‘radi:

– Men uchrashib qolgan boshqa toifa-chi, ularni yuborishingdan maqsad nima?

– Janobimning iltifotiga sazovor bo‘lishim uchun yubordim, – dedi Yoqub.

9– Ey birodarim, menda ko‘p narsa bor, o‘zingniki o‘zingga bo‘lsin, – dedi Esov. 10Yoqub:

– Yo‘q, agar siz meni iltifotingizga sazovor hisoblasangiz, sovg‘amni mening qo‘limdan oling. Mana siz meni ochiq chehra bilan qarshiladingiz, siz bilan yuzma-yuz ko‘rishish men uchun xuddi Xudoning yuzini ko‘rish demakdir. 11Marhamat qilib, sizning oldingizga yuborgan sovg‘a-salomimni qabul qiling. Chunki Xudo menga ehson qildi, menda hamma narsa bor, – dedi.

Yoqub unga ko‘p yolvorgach, Esov sovg‘alarni qabul qildi va:

12– Qani yuraylik, men sening oldingda boraveraman, – dedi. 13Lekin Yoqub unga dedi:

– Janobim biladilarki, bolalar nozik, qo‘ylar va sigirlarim esa sog‘iladigan. Agar ularni bir kungina qistab haydasalar, butun chorva o‘lib qoladi. 14Iltimos, janobim o‘z bandasidan ilgari boraversinlar. Men ixtiyorimdagi mollar va bolalarning qadamiga qarab, asta-sekingina yurib, janobim yoniga, Se’irga yetib boraman.

15Esov:

– Men bilan kelgan odamlardan bir nechtasini sening izmingga topshirayin, – dedi. Lekin Yoqub:

– Nima keragi bor? Janobim meni iltifotiga sazovor hisoblasalar, bas, – dedi.

16Shunday qilib, Esov o‘sha kuni o‘z yo‘liga, Se’ir tomonga qaytib ravona bo‘ldi. 17Yoqub esa Sukkotga ko‘chib ketdi. O‘zi uchun uy qurib, chorvalariga esa chaylalar yasadi. Shuning uchun bu joy Sukkot (ya’ni Chaylalar) degan nom oldi.

18Shunday qilib, Yoqub Mesopotamiyadan qaytib kelgandan keyin Kan’on mamlakatidagi Shakam shahriga eson-omon borib, shaharning ro‘parasida manzil qurdi. 19So‘ngra o‘rnashgan yerni Shakamning otasi Hamo‘r o‘g‘illaridan yuz kumush tangaga sotib oldi. 20U joyga bir qurbongoh qurib, uni Tangriga – Isroilning Xudosiga bag‘ishladi.

 

34–BOB - IBTIDO

 

Dinaning nomusiga tegish va xun

 

1Leaning Yoqubga tug‘ib bergan qizi Dina bir kuni Kan’on qizlarini ko‘rishga borish uchun manzildan tashqariga chiqdi. 2U yerning amiri hivviy Hamo‘rning o‘g‘li Shakam qizni ko‘rib, uni ushladi, zo‘rlab u bilan yotdi.

3Shakam Yoqubning qizi Dinaga maftun bo‘lgan, uni juda sevib qolgan edi. U bu qizning dilini ovlamoqchi bo‘ldi. 4Otasi Hamo‘rga ham bildirib:

– Bu qizchani menga xotinlikka olib bering, – dedi.

5Yoqub esa qizi Dinaning nomusi toptalganini eshitgach, o‘g‘illari chorva bilan dashtdan qaytib kelguncha xomush yurdi. 6Shakamning otasi Hamo‘r Yoqub bilan gaplashmoqchi bo‘lib, uning oldiga bordi. 7Shu orada Yoqubning o‘g‘illari dashtdan kelishdi. Bo‘lgan hodisani eshitishgach, ularning g‘azabi qaynab, qattiq jahli chiqib:

– Yoqubning qizi bilan yotib, Isroil nomiga isnod keltiribdi, qilmaydigan ishni qilib qo‘yibdi! – deyishdi. 8Hamo‘r ularga:

– O‘g‘lim Shakam qizingizga juda ishqiboz bo‘lgan, endi marhamat qilib uni o‘g‘limga xotinlikka bersangizlar. 9Bir-birimiz bilan quda-andachilik qilaylik, siz qizlaringizni bizlarga beringlar, bizning qizlarimizni o‘zingizga olinglar. 10Bizlar bilan yashaysizlar, bu yer sizlarning ixtiyoringizda bo‘ladi. Bu yerda yashab, savdo-sotiq qilasizlar, yer-suv egasi bo‘lasizlar, – dedi.

11Keyin Shakam so‘z olib, qizning otasiga va akalariga:

– Faqat sizlarning iltifotingizni qozonsam, bas. Menga nimaiki desangizlar, uni beraman. 12Mendan qancha sovg‘a, qalin talab qilsangizlar ham, beraman; faqat qizni menga xotinlikka beringlar, – dedi.

13Yoqubning o‘g‘illari esa singillari Dinani harom qilgan Shakam va otasi Hamo‘rga ayyorlik bilan javob bermoqchi bo‘ldilar. 14Ularga:

– Bu ishni bizlar qilolmaymiz; singlimizni sunnat bo‘lmagan odamga berish biz uchun benomuslik bo‘ladi. 15Basharti har bir erkagingiz bizlardek xatna qilinsa, biz bunga rozi bo‘lamiz. 16U taqdirda qizlarimizni sizlarga beramiz, sizlarning qizlaringizni ham o‘zimizga olamiz, sizlar bilan yashab, bitta qavm bo‘lamiz. 17Agar bizlarga quloq solmay, xatna bo‘lmasangizlar, qizimizni olib ketamiz, – deyishdi.

18Ularning bu gaplari Hamo‘r bilan o‘g‘li Shakamga ma’qul tushdi. 19Yigit Yoqubning qiziga mehr qo‘yganidan, bu ishni bajarishni kechiktirmadi. U otasining xonadonida hammadan e’tiborli edi. 20Shunday qilib, Hamo‘r va o‘g‘li Shakam shahar darvozasi oldiga borishdi va o‘z hamshaharlariga xitob qilib:

21– Bu odamlar bizga nisbatan beg‘araz. Mayli, shu mamlakatda yashab savdo-sotiq qilsinlar. Yerimiz keng, ular bemalol sig‘adi. Ularning qizlarini o‘zimizga xotinlikka olaylik, o‘z qizlarimizni ham ularga beraylik. 22Endi bu odamlar bizlar bilan birga yashab bir qavm bo‘lishga rozi-yu, lekin bittagina shartlari bor: bizlardagi har bir erkak ular singari xatna qilinsin ekan. 23Shunda ularning podalari, mol-mulklari, ot-ulovlari ham bizlarniki bo‘ladi-ku! Faqat ularning bu shartiga ko‘nsak bo‘ldi, bizlar bilan birga yashaydilar, – deyishdi.

24Buni eshitganlaridan keyin, shahar darvozasidan kirib-chiqadigan hamma erkaklar Hamo‘r va o‘g‘li Shakamning gapiga kirib, xatna bo‘ldilar.

25Oradan uch kun o‘tib, ular og‘rib yotar ekanlar, Yoqubning ikki o‘g‘li – Dinaning akalari Shim’o‘n va Leviy har biri o‘z qilichini taqib olishdi-da, tinch shaharga nogahon hujum qilib, butun erkaklarni o‘ldirdilar. 26Hamo‘rni va o‘g‘li Shakamni ham tig‘dan o‘tkazib, Dinani Shakamning uyidan olib ketdilar. 27Yoqubning o‘g‘illari o‘lganlarning ustiga yopirilib, singillarini sharmanda qilgan shaharni talon-taroj qilib tashladilar. 28Ham shahardan topgan, ham dashtdan topgan qo‘y-echki, qoramol va eshaklarni olib ketdilar. 29Shaharliklarning butun boyligini talab, bola-chaqasi bilan ayollarining hammasini esa asir olib, uylaridagi bor-yo‘g‘ini o‘lja qilib olib ketdilar.

30Yoqub Shim’o‘n va Leviyga:

– Sizlar meni bu yurtning ahli – kan’oniylar va perizziylarning nafratiga qoldirib, notinch qilib qo‘ydingizlar-ku! Mening odamlarim ozgina; menga qarshi qo‘shin tizib zarba berishsa, men bilan butun xonadonim ham qirilib yo‘q bo‘lib ketamiz-ku, – dedi. 31O‘g‘illari esa:

– Singlimiz bilan fohisha kabi muomala qilishiga yo‘l qo‘yib bo‘ladimi, axir?! – deyishdi.

 

35–BOB - IBTIDO

 

Yoqubning Baytilga borishi

 

1Xudo Yoqubga: «O‘rningdan tur, Baytilga borib u yerda istiqomat qil. Akang Esovning oldidan qochayotganingda senga zohir bo‘lgan Xudo sha’niga u yerda qurbongoh tiklagin», – dedi.

2Shunda Yoqub o‘zining oilasiga va xonadonidagi boshqa barchaga xitob qilib: «Orangizda saqlab yurgan yot xudolar sanamlarini o‘zlaringizdan uzoqlashtiringlar. O‘zlaringizni pokiza qilib, kiyimlaringizni almashtiringlar. 3Biz shu yerdan qo‘zg‘alib, Baytilga boramiz. Boshimga og‘ir kun tushgan vaqtlarda menga ko‘mak bergan va yurgan yo‘limda har doim men bilan bo‘lgan Xudo sha’niga u yerda qurbongoh quraman», – dedi.

4Shunda ular saqlab yurgan hamma yot xudolar sanamlarini va quloqlariga taqib yurgan but sirg‘alarni Yoqubga berishdi. Yoqub esa bularni Shakam yaqinidagi ulug‘ daraxtning tagiga ko‘mdi. 5So‘ngra ular u yerdan jilib yo‘lga tushishdi. Tevarak-atrofdagi shaharlar ahli esa Xudodan qattiq vahm olgan edi, shuning uchun Bani-Yoqubning ketidan quvishmadi.

6Shunday qilib, Yoqub va u bilan yurgan butun qavm Kan’on yeridagi Luz shahriga yetib keldilar. (Luz – Baytilga tengdir.) 7U yerda Yoqub qurbongoh tiklab, o‘sha joyni El-Baytil (ya’ni Baytil Xudosi) deb atadi. Chunki akasi oldidan qochayotganida o‘sha yerda Xudo unga O‘zini namoyon qilgan edi.

8Shu orada Rivqoning enagasi Devora o‘lib qoldi. Uni Baytilning pastrog‘idagi bolut daraxti tagiga ko‘mdilar, daraxtni esa «yig‘i bolut» deb atadilar.

9Mesopotamiyadan qaytib kelganidan keyin, Xudo Yoqubga yana bir bor zohir bo‘ldi. Xudo uni muborak qilib: 10«Sening oting Yoqub bo‘lsa-da, bundan keyin seni Yoqub deyishmaydi; endi sening isming Isroil bo‘ladi», – deganidek, unga Isroil deb nom qo‘ydi. 11Xudo unga yana: «Men Qodir Tangriman. Barakali bo‘lib, o‘sib-ko‘paygin. Sendan bir xalq va hatto xalqlar jamoati bunyod bo‘ladi; sening urug‘ingdan podshohlar chiqadi. 12Men Ibrohimga va Is’hoqqa bergan bu yerni senga va sendan keyingi zurriyotingga beraman», – dedi.

13Yoqub bilan so‘zlashib bo‘lib, Xudo uning yonidan yuqoriga ko‘tarildi. 14Yoqub esa Xudo o‘zi bilan gaplashgan joydagi toshni olib, yodgorlik tikladi, toshning ustiga sharob va yog‘ to‘kib nazr atadi. 15Xudo o‘zi bilan so‘zlashgan joyni esa Baytil (ya’ni Xudo uyi) deb atadi.

 

Benyaminning tug‘ilishi, Rohilaning o‘lishi

 

16Baytildan jo‘nab, yo‘l bosar edilar. Efratga borishga sal qolgan ediki, Rohilani to‘lg‘oq tutib, u juda qiynaldi. 17U azob chekib tug‘ayotganida, doyasi unga: «Qo‘rqma, bu ham senga o‘g‘il bo‘ladi», – dedi. 18Nihoyat, Rohila o‘layotib, joni chiqay deganda, tug‘ilgan o‘g‘lini Ben-O‘ni (ya’ni Shum Oyoq) deb chaqirdi. Ammo otasi uning ismini Benyamin (ya’ni O‘ng Qo‘lim) deb qo‘ydi. 19Efrat, ya’ni Baytlahm yo‘lida marhuma Rohilani dafn etishdi. 20Yoqub uning qabri ustida yodgorlik tikladi. Qabr bugungacha «Rohila maqbarasi» deb aytiladi.

21Shundan so‘ng Isroil yo‘lga chiqib, Adir Minora degan joyning narigi tomonida chodir qurdi. 22Isroil u yurtda o‘rnashganidan keyin, o‘g‘li Ruben borib otasining cho‘ri xotinlaridan biri Bilha bilan yotdi. Isroil buni eshitdi, [o‘g‘lini yomon ko‘rib ketdi.]

 

Yoqubning o‘g‘illari

 

Yoqubning jami bo‘lib o‘n ikki o‘g‘li bor edi:

23Lea tuqqan o‘g‘illar: Yoqubning to‘ng‘ichi Ruben, keyin Shim’o‘n, Leviy, Yahudo, Issoxor va Zavulun.

24Rohila tuqqan o‘g‘illar: Yusuf va Benyamin.

25Rohilaning cho‘risi Bilha tuqqan o‘g‘illar: Dan va Naftoli.

26Leaning cho‘risi Zilpa tuqqan o‘g‘illar: Gad va Osher.

Yoqub Mesopotamiyada bo‘lganida, mana shu o‘g‘illarni ko‘rdi.

27Yoqub otasi Is’hoqning oldiga, Mamre degan joyga bordi. Ibrohim ham, Is’hoq ham musofir bo‘lib yashagan bu joy Qirat-Arba (ya’ni Hebro‘n) shahri yaqinidadir. 28Is’hoq esa jami bir yuzu sakson yil umr ko‘rib, vafot etdi. 29U to‘q va keksayib olamdan o‘tdi, o‘zining ota-bobolari oldiga jo‘nadi. Uning o‘g‘illari Esov va Yoqub uni ko‘mishdi.

 

36–BOB - IBTIDO

 

Esovning nasl-nasabi – Edo‘m xalqi

 

1Edo‘m xalqining otasi Esovning nasl-nasab tarixi quyidagicha:

2Esovning xotinlari Kan’on qizlaridan edi. Bular – hetiy Eylonning qizi Ada, hivviy Siv’o‘n o‘g‘li Ononing qizi Aholibama 3va Ismoilning qizi, Navoyo‘tning singlisi Bo‘smat edilar. 4Ada Esovga Elifazni, Bo‘smat esa Rag‘uilni tug‘ib berishdi. 5Aholibama esa Ya’ush, Ya’lam va Qo‘rahni tug‘di. Hali Kan’on yerida bo‘lganda Esov uchun tug‘ilgan o‘g‘illari ana shular edi. 6Keyinroq Esov xotinlarini, o‘g‘il-qizlarini va xonadonidagi borliq jonni, shuningdek, butun chorva podalarini, Kan’on yerida orttirgan barcha mol-mulkini olib, ukasi Yoqubning oldidan o‘zga mamlakatga ko‘chib ketdi. 7Ikkala aka-ukaning mol-mulki juda ko‘paygani uchun, ular endi birga yashay olmas edilar. Ularning chorvalari ko‘pligidan, ular musofir bo‘lib turgan mamlakat endi ularni sig‘dirolmaydigan bo‘lib qolgan edi. 8Shunday qilib, Esov (Edo‘mga tengdir) Se’ir tog‘ligida o‘rnashib oldi.

9Esovdan kelib chiqqan, Se’ir tog‘ligida o‘rnashgan Edo‘m xalqining nasl-nasabi quyidagicha: 10Esovga xotini Adadan Elifaz, xotini Bo‘smatdan esa Rag‘uil nomli o‘g‘illar tug‘ildilar. 11Elifazning o‘g‘illari: Teman, O‘mar, Safo‘, Ga’tam va Qanoz edilar. 12Esov o‘g‘li Elifazning ikkinchi xotini Timna esa eriga Omoleqni tug‘ib berdi. Ana shular hammasi Esovning xotini Adaning o‘g‘il-nabiralari edi. 13Rag‘uilning o‘g‘illari: Nahat, Zarah, Shamma va Mizza edilar. Bular esa Esovning xotini Bo‘smatning o‘g‘il-nabiralari edi. 14Siv’o‘n o‘g‘li Ononing qizi Aholibama eri Esovga Ya’ush, Ya’lam va Qo‘rah degan o‘g‘illarni tug‘ib berdi.

15Esov naslidan kelib chiqqan qabila yo‘lboshchilari quyidagilardir: Esovning to‘ng‘ichi Elifaz – Teman, O‘mar, Safo‘, Qanoz, 16Qo‘rah, Ga’tam va Omoleq nomli qabila yo‘lboshchilarining otasi bo‘lgan. Ana shu Edo‘m qabilalari bari Elifazdan kelib chiqib, Esovning xotini Adaning o‘g‘il-nabiralari edilar. 17Esovning ikkinchi o‘g‘li Rag‘uil esa – Nahat, Zarah, Shamma va Mizza nomli qabila yo‘lboshchilarining otasi bo‘lgan. Ana shu Edo‘m qabilalari Rag‘uildan kelib chiqib, Esovning xotini Bo‘smatning o‘g‘il-nabiralari edilar. 18Esovning xotini Aholibamaning eriga tug‘ib bergan o‘g‘illari: Ya’ush, Ya’lam va Qo‘rah edilar. Bular xuddi shu ismli qabilalarning yo‘lboshchilari bo‘lganlar. Ana shular Esovning xotini, Ononing qizi Aholibamadan bino bo‘lgan yo‘lboshchilar edi. 19Shunday qilib, bu Edo‘m qabilalarining hammasiga Esovning o‘g‘illari yo‘lboshchi bo‘lganlar.

20Edo‘m tub aholisining kelib-chiqishi ho‘riy Se’irning o‘g‘illaridan boshlangan. Se’irning o‘g‘illari: Lo‘tan, Sho‘val, Siv’o‘n, Ono, 21Disho‘n, Esar va Dishan edilar. Bular Edo‘mdagi ho‘riy qabilalarining yo‘lboshchilari bo‘lganlar.

22Lo‘tanning o‘g‘illari Ho‘riy va Hemam edilar. Lo‘tanning Timna degan singlisi ham bor edi. 23Sho‘valning o‘g‘illari: Alvon, Manohat, Evol, Shafo‘ va O‘nom edilar. 24Siv’o‘nning o‘g‘illari: Ayyo va Ono edilar. (Otasi Siv’o‘nning eshaklarini cho‘lda boqayotganida issiq buloqni topgan o‘sha Ono edi.) 25Ononing esa Disho‘n otli o‘g‘li va Aholibama otli qizi bor edi. 26Disho‘nning o‘g‘illari: Hamdon, Eshbon, Yitron va Karon edilar. 27Esarning o‘g‘illari: Bilhon, Za’von va Aqon edilar. 28Dishanning o‘g‘illari: Us va Oron edilar.

29-30Shunday qilib, Se’ir yurtidagi Ho‘riy qabilalarining nomlari o‘z yo‘lboshchilarining tartibi bo‘yicha shundaydir: Lo‘tan, Sho‘val, Siv’o‘n, Ono, Disho‘n, Esar va Dishan.

 

Edo‘m podshohlarining tarixchasi

 

31Isroil farzandlari ustidan biron podshoh hukm surmasdan oldin, Edo‘m yurtida quyidagi podshohlar hukmronlik qilganlar:

32Edo‘m taxtida o‘tirgan ilk podshoh Dinhoba shahridan bo‘lgan Ba’o‘r o‘g‘li Bela edi. 33Bela o‘lgach, uning o‘rniga Bo‘sra shahridan Zarah o‘g‘li Yo‘bob taxtga chiqdi. 34Yo‘bob o‘lgach, uning o‘rniga Teman yurtidan Hushom taxtga chiqdi. 35Hushom o‘lgach, uning o‘rniga Mo‘ov yerida midyonliklarni tor-mor etgan, Avit shahridan bo‘lgan Bedod o‘g‘li Hadad taxtga chiqdi. 36Hadad o‘lgach, uning o‘rniga Masreqa shahridan Samla taxtga chiqdi. 37Samla o‘lgach, uning o‘rniga daryo bo‘yida joylashgan Rahovot shahridan Shoul taxtga chiqdi. 38Shoul o‘lgach, uning o‘rniga Axbo‘r o‘g‘li Baal-Hanan taxtga chiqdi. 39Axbo‘r o‘g‘li Baal-Hanan o‘lgach, uning o‘rniga Hadar taxtga chiqdi. U Pag‘u shahridan bo‘lib, xotini esa Matradning qizi, Mezahobning nabirasi Mehatobila edi.

40Esovdan kelib chiqqan Edo‘m qabilalarining nomlari sulolalari va o‘rnashgan joylari bo‘yicha shulardir: Timna, Alva, Yatet, 41Aholibama, Elo, Pino‘n, 42Qanoz, Teman, Mibsor, 43Magdiel va Iram. Ushbu qabilalar o‘z yo‘lboshchilarining nomlarini olib, har birisi o‘zining yashash yeriga ega bo‘lgan. Mana shularning hammasi Edo‘m xalqining otasi Esovdan kelib chiqqanlar.

 

37–BOB - IBTIDO

 

Yusufning ko‘rgan tushlari

 

1Yoqub otasi musofir bo‘lib yashagan mamlakatda – Kan’on diyorida yashayverdi. 2Yoqubning nasl-nasab tarixi esa quyidagicha:

Yoqubning o‘g‘li Yusuf o‘n yetti yashar o‘smir bo‘lib qolgan edi. U otasining xotinlari Bilha va Zilpadan tug‘ilgan akalari bilan birga chorva boqar, otasi oldida akalarining g‘iybatini qilar edi. 3Isroil esa Yusufni hamma o‘g‘illaridan ko‘proq sevar edi, chunki u Isroilning qarilik chog‘ida ko‘rgan o‘g‘li edi. Shu sababli unga beqasam to‘n qildirdi. 4Yusufning akalari esa otalari uni hamma o‘g‘illaridan ko‘proq sevganini bilib, Yusufni yomon ko‘rib qoldilar. Endi u bilan do‘stona gaplasha olmas edilar.

5Bir kuni Yusuf tush ko‘rib, akalariga aytib berdi. Ular esa uni yanada yomon ko‘rib qolishdi. 6Yusuf akalariga:

– Men ko‘rgan bu tushni tinglanglar, – dedi. 7– Tushimda bizlar ekinzorda bog‘lam bog‘layotgan ekanmiz. Qarasam, mening bog‘lamim yerdan ko‘tarilib, tik turgan ekan, sizlarning bog‘lamlaringiz esa davra olib, mening bog‘lamimga ta’zim qildi.

8Yusufning akalari unga:

– Nahotki sen bizning ustimizdan podshoh yoki hukmron bo‘lmoqchisan? – deyishdi. Uni ko‘rgan tushi va gapirgan gapi tufayli yanada yomon ko‘rib qoldilar.

9Keyin Yusuf yana boshqa bir tush ko‘rdi. Uni ham akalariga hikoya qilib berdi:

– Men yana tush ko‘rdim. Tushimda quyosh va oy hamda o‘n bir yulduz menga ta’zim qilayotgan ekan, – dedi.

10Yusuf buni akalari va otasiga ham hikoya qilgan edi, otasi uni koyib:

– Bu ko‘rgan tushing qanday tush ekan? Nahotki men, onang va akalaring sening oyoqlaringga yiqilib ta’zim qilsak? – dedi.

11Yusufga akalari hasad qilishardi. Lekin otasini bu gaplar o‘ylatib qo‘ydi.

 

Yusufni Misrga sotish

 

12Yusufning akalari otalarining podalarini boqish uchun Shakamga ketishgan edi. 13Shu vaqt Isroil Yusufga:

– Akalaring Shakamda mol boqishyapti. Kel, seni ularning yoniga yuborayin, – dedi.

– Xo‘p bo‘ladi, otajon! – dedi Yusuf.

14– Sen borib akalaring va podalarning hol-ahvolini bilib, menga xabar keltir, – deb otasi uni Hebro‘n vodiysidan jo‘natdi.

Yusuf Shakamga qarab yo‘l oldi. 15Dashtda adashib qoldi. Bir kishi Yusufni ko‘rib, undan so‘radi:

– Nimani izlayapsan?

16– Men akalarimni izlayapman, ular qayerda mol boqishyapti? Bilsang, menga ayt, – dedi Yusuf. 17Haligi odam unga:

– Ular bu yerdan jo‘nab ketishdi. Do‘tanga boramiz, deb aytganlarini eshitgan edim, – dedi.

Shunda Yusuf akalarining ketidan borib, ularni Do‘tanda topdi. 18Yusuf hali yaqinlashmasdanoq, akalari ko‘rib, Yusufni o‘ldirishga qasd qildilar. 19Bir-biroviga:

– Mana, o‘sha tush ko‘ruvchi kelyapti! 20Kelinglar endi, uni o‘ldiramiz va biron quduqqa tashlaymiz. So‘ngra yirtqich hayvon uni yeb ketibdi, deb aytamiz. Shunda uning tushlari nima bo‘larkan, ko‘ramiz, – dedilar. 21Ammo Ruben Yusufni ularning qo‘lidan qutqarmoqchi bo‘lib, ukalariga:

– Uning joniga qasd qilmaylik. 22Qon to‘kmanglar, uni mana shu yaqindagi cho‘l qudug‘iga tashlasalaring bo‘ldi, faqat uning joniga qasd qilmanglar! – dedi. Chunki u Yusufni ukalari qo‘lidan qutqarib, otasi oldiga qaytarish niyatida edi.

23Yusuf akalari yoniga kelganda, akalari uni ushlab, ustidagi beqasam to‘nni yechib, 24o‘smirni quduqning ichiga tashlab ketishdi. Quduq esa quruq, ichida suv yo‘q edi.

25Ular ovqatlanib o‘tirib, bir qarashgan edi, Gil’ad tomondan ismoiliylar karvoni kelayotganini ko‘rishdi. Ularning tuyalariga xushbo‘y smolalar va tutatqilar hamda mumiyo ortilgan, Misrga qarab yo‘l bosayotgan edilar. 26Yahudo birodarlariga:

– Ukamizning qonini to‘kib buni yashirishdan nima foyda bor? 27Kelinglar, yaxshisi uni ismoiliylarga sotamiz, qo‘limizni uning qoni bilan bulg‘amaymiz. U bizning ukamiz, o‘z suyagimiz, axir, – dedi.

Yahudo aka-ukalarini ko‘ndirdi.

28Shu payt Midyondan savdogarlar karvoni o‘tayotgan edi. Ular Yusufni quduqdan tortib chiqardilar va yigirma kumush tangaga ismoiliylarga sotdilar. Ular esa Yusufni Misrga olib ketdilar.

29Ruben o‘sha quduq boshiga qaytib borib, qarasaki, Yusuf quduq ichida yo‘q! U choponini yirtib tashladi-da, 30ukalari yoniga qaytib borib ularga:

– Bola yo‘q, endi men qayerga bosh uray? – dedi.

31Shunda aka-ukalar Yusufning beqasam to‘nini olib, bir takani so‘yib, to‘nni taka qoniga botirdilar. 32So‘ng to‘nni otalari oldiga yuborib: «Biz buni topdik. Taning-chi, bu o‘g‘lingizning choponimi, yoki u emasmi?» – deb so‘ratdilar.

33Yoqub choponni tanib:

– O‘g‘limning choponi-da, uni yirtqich hayvon yegan. Yusuf burda-burda bo‘lgan, shekilli, – dedi. 34Va kiyimini yirtib, beliga jul o‘rab, o‘g‘li uchun ancha vaqt motam tutdi. 35Hamma o‘g‘il-qizlari unga tasalli bermoq uchun otasini borib ko‘rsa-da, ammo u ovunishni rad qilar,

– Men motamli bo‘lib o‘g‘limning yoniga, o‘liklar diyoriga boraman, – derdi. O‘g‘lining hasratida ko‘p faryod chekdi.

36Shu orada midyonliklar Yusufni Misrga olib borib, Fir’avnning saroyi ma’muri va soqchilar boshlig‘i – Po‘tifarga sotgan edilar.

 

38–BOB - IBTIDO

 

Yahudo va Tamara

 

1O‘sha vaqtda Yahudo o‘z aka-ukalaridan ayrilib jo‘nadi. U yo‘l yurib, Adullam shahrida Hiro otli boyning yonida joylashdi. 2Yahudo u yerda Shuo ismli kan’onlik bir odamning qizini ko‘rib qoldi. Uni xotinlikka olib, bir yostiqqa bosh qo‘yishdi. 3Ayol homilador bo‘lib bir o‘g‘il tug‘di. Eri uning otini G‘yer qo‘ydi. 4U yana homilador bo‘lib bir o‘g‘il tug‘di, uning otini O‘nan qo‘ydi. 5U tag‘in bir o‘g‘il tug‘ib, uning otini Shelo qo‘ydi. Bu tug‘ilgan paytda Yahudo Kazzob shahrida edi.

6Yahudo to‘ng‘ichi G‘yerni Tamara ismli bir qizga uylantirdi. 7Yahudoning to‘ng‘ichi G‘yer Xudovand nazarida nobop odam bo‘lgani uchun, Xudovand uni o‘ldirdi. 8Shunda Yahudo O‘nanga:

– Qaynag‘alik burchingni o‘tab, akangning xotinini nikohingga ol, toki akangga zurriyot yetishtirgin, – dedi.

9Lekin O‘nan bu zurriyot o‘ziniki bo‘lmasligini bilib, akamga zurriyot qolmasin, deb uning xotini bilan qovushgan paytlarda urug‘ini yerga to‘kib yuborar edi. 10Uning bu qilgan ishi esa Xudovandga yoqmadi va Xudovand uni ham o‘ldirdi.

11Yahudo kelini Tamaraga:

– O‘g‘lim Shelo katta bo‘lgunga qadar sen otangning uyida beva turavergin, – dedi. Chunki Yahudo: «Bu ham akalari kabi o‘lmasin», deb qo‘rqar edi. Shunday qilib, Tamara ketdi, otasining uyida yashayverdi.

12Ancha vaqt o‘tgandan so‘ng Shuoning qizi, ya’ni Yahudoning xotini o‘lib qoldi. Yahudo bir muddat o‘tib taskin topganidan keyin, o‘zi bilan do‘sti adullamlik Hironi olib, qo‘ylarining junini qirqayotganlarni ko‘rgani Timnaga borishdi. 13Tamaraning qulog‘iga: «Mana, qaynotang qo‘ylarining junini qirqish uchun Timnaga borayotir», – degan darak yetib keldi. 14Shunda u bevalik kiyimlarini yechib, paranji yopinib, o‘zini tanib bo‘lmaydigan qildi-da, Timnaga boradigan yo‘lda joylashgan Enoyim yerining kiraverishida o‘tirdi. Tamara: «Shelo endi katta bo‘lgan, meni unga xotinlikka berishmaydi», degan xulosaga kelgan edi.

15Yahudo Tamaraning yuzi yopiq o‘tirganini ko‘rib, fohisha deb o‘yladi. 16U o‘zining kelini ekanini bilmay, Yahudo yo‘lidan ayol tomon burildi-da:

– Ruxsat ber, sen bilan yotay, – dedi.

– Siz men bilan yotsangiz, menga nima berasiz? – dedi ayol. 17Yahudo:

– Qo‘tondan senga bir uloq berib yuboraman, – dedi.

– Yuborguningizgacha garovga biron narsa berasizmi? – dedi. 18Yahudo:

– Garovga nima beray? – deb so‘radi.

– Muhringizni, uning ipini va qo‘lingizdagi hassani bering, – dedi ayol.

Yahudo u aytgan narsalarni berdi va u bilan yotdi. Tamara esa undan homilador bo‘ldi. 19Tamara uyiga qaytib ketdi va paranjisini yechib, yana o‘zining bevalik kiyimlarini kiydi.

20Shu orada Yahudo o‘sha ayolga garovga bergan narsalarimni qaytarib olay, deb adullamlik do‘sti orqali uloqni yubordi. Uni topolmagach, 21do‘sti bu joyning odamlaridan so‘radi:

– Enoyimda yo‘l chekkasida o‘tirgan anavi fohisha qani?

– Bu yerda fohisha yo‘q edi, – deyishdi.

22Do‘sti Yahudoning yoniga qaytib kelib:

– Uni topolmadim, u joy odamlari ham o‘sha yerda fohisha yo‘qligini aytdilar, – dedi. 23Yahudo:

– Mana men bu uloqni yubordim, lekin sen ayolni topmabsan. Mayli o‘ziga olib qo‘ysin, tag‘in biz uyatga qolmaylik, – dedi.

24Qariyb uch oy o‘tgach, Yahudoga: «Sening kelining Tamara zino qilibdi, fohishaligidan homilador ham bo‘libdi», – degan xabar yetkazishdi. Yahudo:

– Uni maydonga chiqarib yoqinglar! – dedi.

25Tamarani tashqariga olib chiqishayotgan vaqtda, u qaynotasiga kishi yuborib: «Men mana bu buyumlarning egasidan homilador bo‘lganman. Taning-chi, bu muhr, bu ip, bu hassa kimniki ekan?» – degan gapni jo‘natdi.

Yahudo buyumlarni tanib:

26– Men emas, u haqlidir, chunki men uni o‘g‘lim Sheloga bermadim, – dedi. Shundan keyin Tamaraga boshqa tegmadi. 27Tamarani to‘lg‘oq tutganida, uning qornida egiz bolalar borligi ma’lum bo‘ldi. 28Tug‘ayotgan vaqtda bolalardan biri qo‘lini chiqardi. Doya alvon ip olib: «Mana bu birinchi bo‘lib chiqdi!» – deb ipni uning qo‘liga bog‘ladi. 29Bola qo‘lini qaytarib olishi bilan uning birodari chiqdi. Shunda doya: «Ha, sen qanday yorib chiqib olding!» – dedi. Shuning uchun Yahudo uning ismini Paras qo‘ydi. 30Keyin qo‘lida alvon ip bo‘lgan birodari ham chiqdi. Uning otini Zarah qo‘ydi.

 

39–BOB - IBTIDO

 

Yusuf va Po‘tifarning xotini

 

1Shu orada Yusufni Misrga olib borishgan edi. Fir’avn saroyining ma’muri va soqchilar boshlig‘i, Misrning begi bo‘lgan Po‘tifar Yusufni u yerga olib borgan ismoiliylardan sotib olgan edi. 2Xudovand Yusuf bilan edi. U misrlik xo‘jayinining uyida turarkan, omadli kishi bo‘lib qoldi. 3Uning xo‘jayini ham Xudovand Yusuf bilan bo‘lganini angladi. Chunki Yusuf qo‘l urgan har qanday ishga Xudovand omad berar edi. 4Shunday qilib, Yusuf xo‘jayinining ko‘nglini topib, uning shaxsiy xodimi bo‘lib qoldi. Bek Yusufni o‘z xonadoni ustidan gumashta qilib tayinlab, bor-budini uning ixtiyoriga topshirdi. 5Misrlikning xonadoni va butun mol-mulki ustidan Yusuf gumashta qilib tayinlangan vaqtdan e’tiboran Xudovand Yusuf tufayli u xonadonni barakali qildi, uyda va dashtdagi hamma narsasida Xudovandning barakati namoyon edi. 6Bek o‘zining bor-yo‘g‘ini Yusufning qaramog‘iga topshirib, endi o‘z tomog‘idan boshqa hech narsa haqida qayg‘urmas edi.

Yusuf qaddi-qomati kelishgan, juda chiroyli yigit edi. 7Oradan bir muddat o‘tgach, bekning xotini Yusufga ko‘zini tikadigan bo‘ldi. U Yusufga:

– Men bilan yot! – deb aytar edi. 8Ammo Yusuf rad etib, xo‘jayinining xotiniga:

– Mana, xo‘jayinim men uning xonadonida qiladigan hech bir ishimga aralashmaydi, o‘zining bor-budini mening ixtiyorimga topshirgan. 9Bu xonadonda mendan katta odam yo‘q. Xo‘jayin mendan hech narsani ayamay, birgina seni bermagan. Sen uning xotinisan-ku. Men qanday qilib bunday qabihlikka borib, Xudoga qarshi gunoh qilaman? – dedi.

10Beka kundan-kun zo‘rlasa-da, Yusuf u bilan yotishga yoki hatto o‘tirishga ham ko‘nmas edi.

11Kunlarning birida Yusuf o‘z ishini qilish uchun uyga kirdi. Uy xizmatchilaridan hech kim yo‘q edi. 12Beka Yusufning jomasini ushlab:

– Men bilan yot! – dedi. Ammo Yusuf jomasini ayolning qo‘lida qoldirib, tashqariga qochib ketdi. 13U qochib ketgandan keyin, beka jomani qo‘lida ushlagancha 14uy xizmatchilarini chaqirdi va ularga:

– Qaranglar olib kelgan odamni! Endi bu ibroniy bizlar bilan sho‘xlik qilishga ham intiladi-da! Mana hozir u kelib, men bilan yotmoqchi bo‘ldi. Ammo men baland ovoz bilan qichqirib yubordim. 15U faryod ko‘targanimni eshitgach, o‘z jomasini yonimda qoldirib tashqariga qochib ketdi, – dedi.

16Beka Yusufning jomasini yonida olib qo‘ydi. Bek uyiga qaytib kelgach, 17unga arz qilishga tushdi:

– Bizlarga siz keltirgan shu ibroniy qul men bilan sho‘xlik qilmoqchi bo‘lib yonimga keldi. 18Ovozimni baland qilib, qichqirishim bilan u jomasini yonimda qoldirib, tashqariga qochib ketdi, – dedi.

19Yusufning xo‘jayini esa xotinining: «Yusuf menga ne-ne ishlarni qilmadi!» – degan nolishini eshitib, jahli chiqdi. 20U Yusufni ushlab, podshohning maxsus zindonidagi qamoqxonaga qamatib qo‘ydi.

Shunday qilib, Yusuf zindonda yotar edi. 21Lekin Xudovand Yusuf bilan bo‘lib, unga ehson qilar edi. Yusuf zindon boshlig‘ining ko‘nglini topdi. 22Zindon boshlig‘i qamoqdagi butun mahbuslarni Yusufning qaramog‘iga berdi, u yerdagi hamma ishlarni Yusuf idora qilar edi. 23Zindon boshlig‘i endi Yusufning nazorati ostidagi hech bir ishga aralashmas edi. Chunki Xudovand Yusuf bilan bo‘lib, u qilgan hamma ishga omad berar edi.

 

40–BOB - IBTIDO

 

Qamoqda Yusufning tush ta’birlashi

 

1Bu hodisalardan so‘ng Misr podshohining soqiysi va novvoyi o‘z janoblari – Fir’avnga qarshi gunoh qildilar. 2O‘zining bosh soqiysi va bosh novvoyi bo‘lgan bu ikkala ma’muridan Fir’avn achchiqlanib, 3ularni qamatib qo‘ydi. Ular yotgan qamoqxona soqchilar boshlig‘ining nazorati ostida bo‘lib, u yerda Yusuf ham mahbus edi. 4Soqchilarning boshlig‘i Yusufni bularga malay qilib qo‘ydi. Shunday qilib, Yusuf ularga xizmat qilar edi.

5Misr podshohining soqiysi bilan novvoyi bir muddat qamoqda yotganlaridan keyin, bir kechaning o‘zida ikkalasi birdan tush ko‘rishdi. Har bir tushning o‘ziga xos ma’nosi bor edi. 6Sahar turib, Yusuf ularning yoniga keldi, har ikkovining ko‘ngli xufton ekanini ko‘rdi. 7Yusuf o‘zi bilan bir qatorda xo‘jayini – Fir’avnning uyida asir bo‘lgan bu ma’murlardan:

– Nima uchun bugun yuzlaringiz g‘amgin? – deb so‘radi. 8Ular:

– Biz tush ko‘rdik, ammo tushni ta’bir qiladigan kishini topolmadik, – deyishdi. Yusuf ularga:

– Tushning ta’birlari Xudodan emasmi? Menga tushuntirib beringlar-chi, – dedi.

9Shunda bosh soqiy tushini Yusufga hikoya qildi:

– Men tushimda oldimda bir tok ko‘rdim. 10Tokda uchta novda bor ekan. Novdalar o‘sib, gullab, shingil-shingil uzumlar pishdi. 11Mening qo‘limda Fir’avnning kosasi bor ekan. Men uzumlarni olib siqdim va Fir’avnning kosasiga quyib, kosani uning qo‘liga berdim, – dedi.

12Yusuf unga:

– Tushning ta’biri shu: uch novda – uch kun. 13Mana uch kundan keyin Fir’avn sening boshingni yuksaltirib, avvalgi mansabingga qaytaradi. Xuddi unga soqiylik qilgan vaqtda qilganingday, avvalgi tartib bo‘yicha yana Fir’avnning kosasini uning qo‘liga berasan. 14U senga himmat qilganidan so‘ng, meni ham eslab turgin. Marhamat qilib Fir’avn huzurida meni yodingga keltir va meni bu qamoqxonadan chiqarib olishga tirishgin. 15Meni ibroniylarning yeridan o‘g‘irlab ketishgani yetmagandek, endi bu yerda ham biron-bir jinoyat qilmay, bu chuqurga tiqib qo‘yildim, – dedi.

16Bosh novvoy esa Yusuf boyagi tushni yaxshilikka yo‘yganini ko‘rgach:

– Men ham tush ko‘rdim, – dedi. – Boshim ustida uchta savatda kulcha bor ekan. 17Eng ustki savatda novvoylar Fir’avn uchun maxsus tayyorlagan har xil taomlar bor ekan. Lekin qushlar kelib, boshim ustidagi savatdan ularni cho‘qib ketdi.

18Yusuf javob berdi:

– Tushning ta’biri shu: uch savat – uch kun. 19Mana shu uch kundan keyin Fir’avn boshingni tanangdan judo qilib, seni dorga ostiradi, qushlar kelib etingni tanangdan cho‘qib ketadi, – dedi.

20Oradan uch kun o‘tib, Fir’avn o‘zining tug‘ilgan kunini nishonlash munosabati bilan butun mulozimlari uchun ziyofat qildi. Mulozimlaridan o‘zining bosh soqiysi bilan bosh novvoyini ham o‘rtaga chiqardi. 21Bosh soqiyni o‘z mansabiga qaytardi va u yana kosani Fir’avn qo‘liga berdi. 22Lekin bosh novvoyni esa, Yusuf ta’bir qilganidek, dorga ostirdi.

23Shundan so‘ng bosh soqiy Yusufni boshqa eslamadi, uni unutib yubordi.

 

41–BOB - IBTIDO

 

Fir’avnning ko‘rgan tushlari

 

1Oradan ikki yil o‘tgach, Fir’avn tush ko‘rib qoldi. Tushida u Nil daryosi bo‘yida turgan ekan. 2Daryodan ko‘rimli, semiz yetti bosh sigir chiqib, qiyoqzorda o‘tlab yurishar ekan. 3Ularning ketidan daryodan ko‘rimsiz, oriq yetti bosh sigir chiqib, daryo bo‘yidagi sigirlar yonida turibdi. 4Ko‘rimsiz, oriq sigirlar ko‘rimli, semiz yetti sigirni yeb yuboribdi.

Shundan keyin Fir’avn uyg‘ondi. 5U yana uyquga ketib, ikkinchi marta tush ko‘rdi. Tushida bitta poyada yettita yaxshi va to‘liq boshoq chiqibdi. 6Ularning ketidan cho‘l shamoli qovjiratgan oriqqina yetti boshoq o‘sib chiqibdi. 7Bu oriq boshoqlar semiz va to‘liq yetti boshoqni yutib yuboribdi. Shundan so‘ng Fir’avn uyg‘onib, tush ko‘rganini bildi.

8Sahar paytida Fir’avnning ko‘ngli juda g‘ash edi. U kishi yuborib, Misrning barcha sehrgarlari va donishmandlarini chaqirtirdi. Fir’avn ularga tushlarini hikoyat qildi, ammo unga ta’bir qilib beradigan biron kishi topilmadi.

9Shunda Fir’avnning bosh soqiysi so‘z olib unga dedi:

– Men bugun gunohlarimni eslatishga majburman. 10Fir’avn janobi oliylarining bandalariga g‘azablari kelib, meni va bosh novvoyni soqchilar boshlig‘ining qamoqxonasiga topshirgan edilar. 11Bir kechaning o‘zida men va jo‘ram birdan tush ko‘rib qoldik, har birimizning tushimiz esa o‘ziga xos ta’birni talab qilar edi. 12U yerda bizlar bilan soqchilar boshlig‘iga xizmat qilib yurgan bir ibroniy yigit bor edi. Biz tushlarimizni unga so‘zlab berdik, u bizga ta’bir qilib berdi, tushlarimizni alohida-alohida sharhlab berdi. 13Xullasi kalom, u qanday ta’bir etgan bo‘lsa, xuddi shunday bo‘ldi. Men o‘z mansabimga qaytarildim, jo‘ram esa osildi.

 

Yusuf Fir’avnning tushlarini ta’birlashi

 

14Buni eshitiboq, Fir’avn Yusufni olib kelish uchun kishilar yubordi. Ular shoshib-pishib Yusufni zindondan chiqarishdi, sochini olib, kiyimini almashtirishdi. Yusuf Fir’avnning huzuriga keldi. 15Fir’avn unga:

– Men tush ko‘rdim, lekin uni ta’bir qiladigan kishi yo‘q. Eshitishimcha, sening tushni ta’bir qilishga fahming yetar ekan, – dedi. 16Yusuf Fir’avnga:

– Bu mendan emas; lekin Xudo Fir’avnga xayrli bashorat qilgan bo‘lsa kerak, – deb javob berdi. 17Fir’avn Yusufga:

– Men tushimda Nil bo‘yida turgan ekanman. 18Shunda daryodan semiz va go‘zal yetti bosh sigir chiqib, qiyoqzorda o‘tlab yurishar ekan. 19Ularning ketidan ko‘rinishi yomon, badbashara, juda oriq boshqa yetti bosh sigir chiqdi. Men butun Misr yerida shunchalik yomon sigirni ko‘rmagan edim. 20Yomon, oriq sigirlar esa avvalgi yetti semiz sigirni yeb yubordi. 21Semiz sigirlar ularning qorniga kirgan bo‘lsa-da, qornida borligi bilinmas edi. Ularning ko‘rinishi avvalgidek yomon edi. Shundan so‘ng men uyg‘onib ketdim.

22Keyingi tushimda men bitta poyada o‘sib chiqqan yettita to‘liq va yaxshi boshoqni ko‘rdim. 23Ularning ketidan ingichka, cho‘l shamolidan qovjiragan, quruq yettita boshoq o‘sib chiqdi. 24Ingichka boshoqlar esa yettita to‘liq boshoqni yutib yubordi. Shunda men buni sehrgarlarga aytdim, ammo menga sharhlab beradigan kishi topilmadi, – dedi.

25Yusuf Fir’avnga dedi:

– Fir’avnning tushlari bir. Xudo qilmoqchi bo‘lgan ishini Fir’avnga bildiribdi. 26Yetti bosh yaxshi sigir – yetti yil, yettita yaxshi boshoq ham – yetti yil. Tushlarning ma’nosi bir. 27Ulardan keyin chiqqan yetti bosh yomon va oriq sigir esa – yana yetti yil, shuningdek, oriq va cho‘l shamolidan qovjiragan yettita boshoq ham o‘sha ma’noda: ya’ni bu yetti qahatchilik yilini bildiradi.

28Men shuni demoqchiman: Xudo qiladigan ishini Fir’avnga namoyon qilibdi. 29Butun Misr mamlakatida yetti yil buyuk farovonlik bo‘ladi. 30O‘sha davrdan so‘ng yetti yil qahatchilik bosh ko‘taradi. Misrni xarob qiladigan bu ocharchilik og‘irligidan mamlakat ko‘rgan avvalgi farovonlik davri butunlay esdan chiqib ketadi. 31Keyin paydo bo‘ladigan qahatchilik shunchalik og‘ir bo‘ladiki, mamlakatda hech farovonlik bo‘lmaganday tuyuladi. 32Tush Fir’avnga ikki marta takror namoyon bo‘lishi esa shundan dalolat beradiki, bu ish Xudo oldida muqarrardir, U buni kechiktirmay amalga oshiradi.

33Endi Fir’avn janobi oliylari aqlli va dono bir odamni saylab, uni Misr yurti ustidan qo‘ysinlar, 34toki u oliy farmon ila yetti farovonlik yili badalida Misrning hosilidan beshdan bir qismini ajratib undirish uchun mamlakat ustidan nozirlar tayinlasin. 35Bu keladigan yaxshi yillarda butun hosilni yig‘ib g‘amlab qo‘yishsin, shaharlarda oziq-ovqat bo‘lishi uchun g‘allani Fir’avnning omborxonalariga g‘aramlab saqlashsin. 36Misrning boshiga keladigan yetti yillik qahatchilik davrida mamlakat qirilmasligi uchun, bu oziq-ovqatlar zaxira bo‘ladi.

 

Yusufning Misrda yuksalishi

 

37Bu gap Fir’avn va uning butun amaldorlariga ma’qul tushdi. 38Fir’avn o‘z a’yonlariga:

– O‘zida Xudoning Ruhi bo‘lgan bunday odamni topib bo‘ladimi? – dedi.

39Fir’avn Yusufga qayrilib:

– Xudo bularning hammasini senga ma’lum qilgan ekan. Sendan aqlliroq va donoroq odam yo‘q. 40Sen xonadonim ustidan rais bo‘lasan, butun xalqim sening amringga qarab ish tutadi. Men faqat taxtim bilangina sendan katta bo‘laman. 41Men seni butun Misr yurti ustidan boshliq qilib tayinlayman, – dedi-da, 42o‘z uzugini barmog‘idan chiqarib, Yusufning barmog‘iga taqdi. Unga kimxob to‘n kiygizib, bo‘yniga oltin zanjir taqdi. 43Fir’avn Yusufni o‘z o‘rinbosarining aravasiga mindirib, u borishidan oldin «Ta’zim qilinglar!» deya jar soldirdi. Shunday qilib, Yusuf butun Misr ustidan boshliq bo‘lib qoldi.

44Fir’avn Yusufga:

– Men, Fir’avn, senga aytyapman: sen amr bermasdan butun Misr yerida hech kimsa yo qo‘lini yo oyog‘ini ko‘tarmaydi, – dedi. 45U Yusufga Safnat-Pa’nah deb ism qo‘ydi va O‘n shahrining kohini Po‘tiferoning qizi O‘snatni unga xotinlikka olib berdi. Yusuf esa Misr yurti bo‘yicha yuksalib bordi. 46Misr podshohi – Fir’avnning huzurida turganida Yusuf o‘ttiz yoshda edi.

Shunday qilib, Yusuf Fir’avnning huzuridan chiqib, butun Misr mamlakatini kezadigan bo‘ldi. 47Yetti farovonlik yili boshlanib, yer mo‘l-ko‘l hosil berdi. 48Bu yetti yil ichida Yusuf Misrning butun oziq-ovqatini yig‘ib, shaharlarda g‘amlab qo‘ydi. Har shaharning atrofidagi dalalarda yetishgan g‘allani omborlarga g‘aramlab qo‘ydi. 49Yusuf dengiz qumiday ko‘p, behisob ko‘p g‘alla jamg‘ardi. G‘alla miqdori son-sanoqsiz edi.

50Qahatchilik davri boshlanishidan avval O‘n shahrining kohini Po‘tiferoning qizi O‘snat Yusufga ikki o‘g‘il tug‘ib berdi. 51Yusuf: «Xudo menga butun mashaqqatimni va butun otam uyini unuttirdi», – deya, to‘ng‘ichining ismini Manashe (ya’ni Unuttirgan) qo‘ydi. 52Ikkinchi o‘g‘li tug‘ilganida Yusuf: «Xudo g‘urbatsaroyimda meni samarali qildi», – deya, o‘g‘lining otini Efraim (ya’ni Samarali) qo‘ydi.

53Misr yurti ko‘rgan yetti farovonlik yili tugadi. 54Yusuf oldindan aytgan yetti qahatchilik yili boshlandi. Barcha o‘lkalar ocharchilikka yo‘liqqan bo‘lsa-da, Misrning har burchagida non serob edi. 55Oxiri Misr xalqi ham ochlik chekib, Fir’avnga non deb faryod qila boshladi. Fir’avn esa butun Misr aholisiga: «Yusufning oldiga boringlar, u sizlarga nima aytsa, shuni qilinglar», – deb aytardi.

56Qahatchilik endi butun yer yuzini qoplagan edi. Yusuf hamma omborlarni ochib, misrliklarga g‘alla sotardi. Shunga qaramay, Misrda qahatchilik kuchayib borardi. 57Boshqa hamma o‘lkalardan ham Yusufdan g‘alla sotib olish uchun Misrga kelishardi, chunki butun yer yuzida ocharchilik juda kuchaygan edi.

 

42–BOB - IBTIDO

 

Yusuf akalarining Misrga borishi

 

1Yoqub Misrda g‘alla borligini eshitib, o‘g‘illariga:

– Nima uchun sizlar bir-biringizga qarab turibsizlar? 2Men Misrda g‘alla borligini eshitdim. Endi hammamiz bu yerda ochlikdan o‘lmaylik-da, sizlar u yerga borib, bizga g‘alla sotib olib kelinglar, – dedi.

3Shundan keyin Yusufning o‘nta akasi g‘alla sotib olish uchun Misr tomon jo‘nadilar. 4Yusufning ukasi Benyaminni esa Yoqub akalari bilan yubormadi. «Mabodo u biron baloga yo‘liqmasin», – deb qo‘rqar edi.

5Shunday qilib, Misrga g‘alla sotib olgani borganlar orasida Isroil o‘g‘illari ham bor edi, chunki Kan’on o‘lkasida ham qahatchilik hukm surar edi. 6Misrning hokimi bo‘lgan Yusuf esa boshqa o‘lkalardan kelayotganlarga ham g‘alla sotar edi.

Shu orada Yusufning akalari kelib qolishdi. Yuzlari yerga tekkudek egilib, unga ta’zim qilishdi. 7Yusuf esa akalarini ko‘rib, ularni tanidi, lekin tanimaslikka oldi. Ularga:

– Qayerdan keldilaring? – deb qattiq gapirdi.

– Biz Kan’on yeridan oziq-ovqat sotib olgani keldik, – dedi ular.

8Yusuf akalarini tanigan bo‘lsa-da, akalari uni tanimadilar. 9Yusuf ular haqida ko‘rgan tushlarini eslab, ularga:

– Sizlar josussizlar! Bu mamlakatning kamchiliklarini bilib olish uchun kelgansizlar-da! – dedi. 10Lekin ular Yusufga:

– Yo‘q, janobi oliylari, bandalaringiz oziq-ovqat sotib olgani kelganlar. 11Biz hammamiz bir odamning farzandlarimiz. Sizning bandalaringiz to‘g‘ri odamlar, josus emaslar, – deyishdi. 12Yusuf ularga:

– Yo‘q, sizlar bu mamlakatning kamchiliklarini bilib olish uchun kelgansizlar, – dedi yana. 13Ular:

– Biz, bandalaringiz, o‘n ikki og‘a-inimiz. Bizlar Kan’on yurtidagi bitta odamning farzandlarimiz. Kichigi hozir otamizning yonida, boshqa biri esa g‘oyib bo‘lgan, – deyishdi. 14Yusuf ularga:

– Ana, xuddi aytganimday, sizlar josusdan boshqa narsa emassizlar. 15Sizlar endi sinovdan o‘tasizlar: Fir’avnning joni haqi qasam ichamanki, agar kenja ukangiz bu yerga kelmasa, sizlar bu yerdan chiqmaysizlar. 16O‘zingizdan birortangiz borib, ukangizni olib kelsin. Sizlar esa qamalib turasizlar, toki so‘zlaringiz haqiqat yoki yolg‘onligi aniq-ravshan yuzaga chiqsin. Bo‘lmasa, Fir’avnning joni haqi qasam ichamanki, sizlar josus deb hisoblanasizlar, – dedi.

17Yusuf aka-ukalarni uch kungacha qamatib qo‘ydi. 18Uchinchi kuni ularni chaqirtirib:

– Men Xudodan qo‘rqaman. Agar sizlar shu shartimni bajo keltirsalaring, tirik qolasizlar. 19Agar to‘g‘ri odamlar bo‘lsalaring, unda birodaringizdan biri siz qamalgan uyda qamoqda tursin, sizlar esa ochlikdan sulaygan xonadoningiz ahliga g‘alla olib boringlar 20va ukangizni olib, mening oldimga qaytib kelinglar. O‘shanda so‘zlaringiz to‘g‘riligi bilinadi va sizlar o‘lmaysizlar, – dedi.

Aka-ukalar bunga rozi bo‘lishdi. 21O‘zaro so‘zlashib:

– Darhaqiqat bizlar ukamizga qarshi gunohkor bo‘ldik. U bizga yalinib-yolvordi, biz uning joni qiynalayotganini pisand qilmadik, unga quloq solmadik. Ana shuning uchun boshimizga endi bu kulfat keldi, – deyishdi. 22Ruben ham ularga qo‘shilib:

– Bolaga qarshi gunoh qilmang, deb men sizlarga aytgan edim-ku. Ammo sizlar quloq solmadingizlar. Mana endi bizdan uning qoniga qon olinadi! – dedi.

23Ularning gaplarini Yusuf tushunishini akalari bilmas edi, chunki Yusuf ular bilan tarjimon orqali gaplashar edi. 24Yusuf shu onda ulardan ayrilib tashqariga chiqdi-yu, yig‘lab yubordi. Yana o‘ziga kelib, ularning yoniga qaytib keldi va oralaridan Shim’o‘nni chiqarib olib, akalarining ko‘z oldida uni bog‘latib qo‘ydi.

 

Yusuf akalarining Kan’onga qaytishi

 

25Yusuf amr berib, ularning qoplari g‘allaga to‘ldirilsin, har birining puli o‘z qopiga qaytarib solinsin, ularga yo‘l uchun ovqat berilsin, deb buyurdi. Aytilganlar bajarildi. 26Birodarlar sotib olgan don-dunlarini eshaklariga ortib, u yerdan jo‘nab ketishdi.

27Bir manzilga tushganlaridan keyin, ulardan biri eshagiga yem bergani qopini ochdi-yu, o‘z kumush pulini ko‘rib qoldi. Pul xurjun og‘zida yotgan ekan. 28U birodarlariga:

– Menga pulimni qaytarishibdi-ku, mana, o‘z xurjunimda ekan! – dedi. Shunda ularning yuraklari qinidan chiqquday bo‘ldi. Qaltirab bir-birlariga:

– Xudo bizga qilayotgan bu ish o‘zi nimasi? – derdilar.

29Oxiri Kan’on yurtiga, otalari Yoqub oldiga qaytib keldilar. Ular bilan yuz bergan hamma voqealarni otalariga hikoya qilib berdilar:

30– Misrni boshqaruvchi zoti oliy biz bilan ters gaplashdi, bizni josuslar gumon qildi. 31Biz unga: To‘g‘ri odamlarmiz, josus emasmiz, dedik. 32Biz yagona otamizning o‘n ikki o‘g‘limiz, ukamizning biri g‘oyib bo‘lgan, kichigi esa hozir Kan’on yurtida, otamizning yonida, dedik. 33Mamlakatni boshqaruvchi zoti oliy esa bizga: “Sizlar to‘g‘ri odamlar ekaningizni men shundan bilaman: birodaringizdan birini mening yonimda qoldiringlar, sizlar esa ochlikdan sulaygan xonadoningiz ahliga g‘allani olib borib, 34ukangizni olib, mening oldimga qaytib kelinglar. O‘shandagina sizlar josus emas, balki to‘g‘ri odamlar ekaningizni bilaman. Birodaringizni sizlarga qaytarib beraman va bu mamlakatda oldi-sotdi qilasizlar”, – dedi.

35Shu mahal aka-ukalar o‘z qoplarini bo‘shatishdi, har birining kumush tuguni ham qopida edi. Ular va otalari Yoqub kumush tugunlarini ko‘rib, qo‘rqib ketishdi. 36Otalari ularga:

– Sizlar meni farzandlarimdan mahrum qildingizlar: Yusuf yo‘q, Shim’o‘n yo‘q, Benyaminni ham olib ketmoqchisizlar. Mening boshimga ne-ne ofatlar keldi! – dedi. 37Ruben otasiga:

– Benyaminni menga ishonib topshiring. Agar uni sizga qaytarmasam, mening ikki o‘g‘limni o‘ldiring. Men uni sizga sog‘-salomat qaytarib kelaman, – dedi. 38Lekin Yoqub:

– Mening o‘g‘lim sizlar bilan bormaydi. Chunki uning akasi o‘ldi va yolg‘iz u qoldi. Yana mabodo sizlar borayotgan yo‘lda u biron baloga yo‘liqmasin, oq sochimni alam bilan go‘rga olib bormanglar, – dedi.

 

43–BOB - IBTIDO

 

Benyaminni Misrga olib borish

 

1Mamlakatda qahatchilik kuchayib borar edi. 2Misrdan keltirgan g‘allani yeb tugatganlaridan keyin, Yoqub o‘z o‘g‘illariga:

– Yana borib bizga bir oz oziq-ovqat sotib olib kelinglar, – dedi. 3Yahudo unga javob berdi:

– O‘sha zoti oliy bizga qat’iyan ta’kidlab: “Agar ukangiz sizlar bilan kelmasa, mening yuzimni ko‘rmaysizlar”, deb aytgan edi. 4Agar siz ukamizni biz bilan yuborsangiz, u yerga borib sizga oziq-ovqat sotib olib kelamiz. 5Agar yubormasangiz, biz bormaymiz. U zot: “Ukangiz sizlar bilan kelmasa, mening yuzimni ko‘rmaysizlar”, deb aytib qo‘ydi bizga.

6Isroil:

– Nima uchun sizlar u zotga yana ukangiz borligini bildirib, mening boshimga balo bo‘ldingizlar? – dedi. 7Ular:

– U zoti oliy o‘zimizni va tug‘ishganlarimizni so‘roq qilib turdi-da. “Hali ham otangiz tirikmi? Boshqa birodaringiz bormi?” deb so‘raganida, biz unga to‘g‘ri javob berdik. “Ukangizni keltiringlar”, deb aytishini biz qayerdan bilibmiz? – deyishdi. 8Yahudo ham otasi Isroilga:

– Bolani men bilan yuboring. Biz jo‘nab keta qolaylik va siz ham, biz bilan bolalarimiz ham tirik qolaylik, ochlikdan o‘lmaylik. 9Men o‘zim bola uchun kafil bo‘laman, uni mening qo‘limdan olasiz. Agar uni sizga sog‘-salomat qaytarib bermasam, unda men umrbod sizning la’natingizga qolay. 10Agar biz bunday xayolga bormaganimizda, hozirgacha ikki marta borib kelgan bo‘lar edik, – dedi.

11Isroil o‘z o‘g‘illariga dedi:

– Unday bo‘lsa, mana qiladigan ishingizni bilib olinglar: sizlar bu yerning a’lo noz-ne’matlaridan olib idishlaringizga solinglar. O‘sha zoti oliyga bir oz mumiyo, bir oz asal, atirlar, xushbo‘y tutatqilar, pista va bodom sovg‘a qilib olib boringlar. 12O‘zlaringiz bilan ikki baravar kumush pul olib, xurjunlaringizga solib qo‘yilgan pullarni ham qaytarib beringlar. Har holda qandaydir bir yanglishlik yuz bergandir. 13Xo‘p, endi ukangizni olib keta qolinglar, u zoti oliyning oldiga qaytib boringlar. 14U Benyamin va boshqa birodaringizni ham siz bilan qaytarib yuborishi uchun uning huzurida Qodir Olloh sizlarga marhamat aylasin. Men agar farzandlarimdan mahrum bo‘ladigan bo‘lsam, mayli, mahrum bo‘lay.

 

Yusufning aka-ukalari bilan ikkinchi ko‘rishuvi

 

15Aka-ukalar sovg‘a-salomlarni ulovlarga ortib, o‘zlari bilan ikki baravar pulni hamda Benyaminni olib yo‘lga tushdilar. Misrga yetib borib, Yusufning huzurida hozir bo‘ldilar. 16Yusuf Benyaminni birodarlari bilan birga ko‘rgach, o‘zining uy boshqaruvchisiga:

– Bu odamlarni uyga olib bor va hayvon so‘yib taom tayyorla. Ular peshin paytida men bilan ovqat yeydilar, – dedi.

17U esa Yusufning aytganini qilib, aka-ukalarni Yusufning uyiga olib bordi. 18Ular Yusufning uyiga olib borilayotganlarini bilgach, qo‘rqib ketishdi. O‘zlaricha: «Mana, bundan oldin xurjunlarimizga qaytarib solib qo‘yilgan pul uchun bizni olib borishyapti. Hozir ustimizga hamla qilishadi, bizni qul qilib, eshaklarimizni esa olib ketishadi», – dedilar.

19Hovliga kirayotganda, ular Yusufning uy boshqaruvchisiga bosh urib:

20– Tinglang, ey janob, biz bundan oldin ham g‘alla sotib olish uchun bu yerga kelgan edik. 21Jo‘nayotganimizda bir manzilga tushib xurjunlarimizni ochsak, har birimizning kumush aqchamiz hech kamaymay xurjunlarimizda turgan ekan. Endi biz buni qaytarib bergani keldik. 22Buning ustiga biz oziq-ovqat sotib olish uchun yana boshqa pul keltirdik. Boshda kim pulni xurjunlarimizga solib qo‘ygan, biz bilmaymiz, – deyishdi. 23Uy boshqaruvchi:

– Xotirjam bo‘linglar, qo‘rqmanglar. Sizlarning Xudoyingiz, otangizning Xudosi xurjunlaringizga xazina qo‘yib ketibdi. Men sizlardan o‘z haqimni oldim, xolos, – dedi. Shu bilan Shim’o‘nni ularning oldiga chiqardi.

24Uy boshqaruvchi aka-ukalarni Yusufning uyiga keltirdi va ularga oyoqlarini yuvgani suv berdi, eshaklariga yem berdi. 25Peshinda Yusuf bilan birga ovqatlanishlarini eshitishib, u kelguncha sovg‘a-salomni tayyor qilib qo‘yishdi. 26Yusuf uyga kelgach, ular o‘zlari bilan olib kelgan sovg‘alarni uyga kirgizishdi va Yusufning oldida yergacha enkayib ta’zim qilishdi. 27Yusuf ulardan hol-ahvol so‘rab:

– O‘sha sizlar aytgan qari otangiz salomatmi, hanuz hayotmi? – dedi.

28– Bandangiz otamiz salomat, hanuz hayotdir, – deb bosh egib ta’zim qilishdi. 29Yusuf ko‘zlarini o‘z onasining o‘g‘li, ukasi Benyaminga tikib:

– Menga aytgan kenja ukangiz bumi? – dedi. Va bir ozdan so‘ng:

– Ey o‘g‘lim, Xudo senga marhamat aylasin! – dedi-yu, 30shitob bilan chiqib ketdi. Chunki ukasiga nisbatan mehri qaynab, yig‘lagisi kelgan edi. U o‘z yotog‘iga kirib, u yerda yig‘lab yubordi. 31Yuzini yuvib, yana tashqariga chiqqanidan keyin, o‘ziga hokim bo‘lib:

– Taom qo‘yilsin! – deb amr berdi.

32Yusufga alohida, aka-ukalariga alohida hamda u bilan ovqatlanayotgan misrliklarga alohida qo‘ydilar. Chunki misrliklar ibroniylar bilan birga ovqat yeyishi mumkin emas, bu ular uchun makruh hisoblanadi. 33Yusuf o‘z qarshisida hamma aka-ukalarini to‘ng‘ichidan kenjasigacha yosh tartibi bo‘yicha o‘tqazdi. Ular esa bir-biriga taajjub bilan qarab turishardi. 34Yusufning dasturxonidan ularga ovqat berishar ekan, Benyaminning hissasini akalariga qaraganda besh karra ko‘p qilib berishardi. Shunday qilib, aka-ukalar Yusuf bilan yeb-ichib, aysh surar edilar.

 

44–BOB - IBTIDO

 

Adashtirilgan kumush jom

 

1Yusuf o‘zining uy boshqaruvchisiga amr etib:

– Bu odamlarning xurjunlarini o‘zlari ko‘tara olguncha oziq-ovqat bilan to‘ldir, har birining pulini ham o‘z xurjuni ichiga qaytarib sol. 2O‘sha kenjaning xurjuniga esa g‘allaga bergan puli bilan mening xususiy kumush jomimni solib qo‘y, – dedi. Uy boshqaruvchi Yusuf aytgandek qildi.

3Ertasiga tong yorishgan paytda og‘a-inilarni eshaklari bilan jo‘natib yuborishdi. 4Ular shahardan chiqib, uncha uzoqqa bormagan ham edilarki, Yusuf o‘zining uy boshqaruvchisiga shunday buyurdi:

– Qani, u odamlarning ketidan quv. Ularga yetib olgach, shunday deb aytasan: “Nima uchun sizlar yaxshilikka yomonlik qaytardingizlar? 5Mana bu jom – xo‘jayinim ichimlik ichadigan jomning o‘zi-ku! Xo‘jayinim unga qarab karomat qiladi. Sizlarning bu qilgan ishingiz juda yomon ish”.

6Uy boshqaruvchi og‘a-inilarga yetib olib, xuddi shu gapni ularga aytdi. 7Og‘a-inilar unga:

– Nima uchun janobimiz bunday deyaptilar? Bandalaringiz bunday yaramas ishni aslo qilmaydilar. 8Mana, bundan avval biz xurjunlarimizdan topgan kumush pulni Kan’on yeridan olib kelib, sizga qaytarib berdik, yana qanday qilib biz xo‘jayiningizning uyidan kumush yoki oltinni o‘g‘irlar ekanmiz? 9Bandalaringizdan kimning yonidan jom topilsa, u o‘lsin va hammamiz ham janobimizga qul bo‘laylik, – deyishdi. 10Uy boshqaruvchi:

– Mayli, aytganingizdek bo‘lsin. Jom kimning yonidan topilsa, u menga qul bo‘ladi, qolganlaringiz esa aybsiz bo‘lib chiqasizlar, – dedi.

11Ularning har biri shosha-pisha o‘z xurjunini yerga tushirib ochishdi. 12Uy boshqaruvchi esa kattasining ham, kichigining ham ashyolarini tintib chiqib, jomni Benyaminning xurjunidan topdi. 13Shunda ular kiyimlarini yirtib, yukini eshagiga ortib, shaharga qaytib borishdi. 14Yahudo bilan ukalari Yusufning uyiga kirib kelishdi. U hanuz shu yerda edi. Uning oldida yerga yiqilishdi. 15Yusuf ularga:

– Bu qilgan ishingiz nimasi? Yoki mendek odam karomat qila olishini bilmas edingizlarmi? – dedi. 16Yahudo:

– Biz janobimizga nima ham derdik? Nima deb o‘zimizni oqlaymiz? Mana Xudoning O‘zi bandalaringizning gunohini fosh qilibdi-ku. Mayli, biz janobimizga qul bo‘lamiz, jom topilgan odam ham, boshqalarimiz ham sizga qul bo‘lamiz, – dedi. 17Yusuf:

– Aslo, men bunday qilmayman. Faqat kimdan jom topilgan bo‘lsa, o‘sha menga qul bo‘ladi, qolganlaringiz esa eson-omon otalaringiz oldiga borasizlar, – dedi.

18Shunda Yahudo Yusufga yaqinroq kelib dedi:

– Janobi oliylari ijozat bersalar, bandangiz janobimning quloqlariga bir og‘iz so‘z aytsa. Janobimning o‘zi Fir’avn o‘rnida bo‘lsalar-da, mendan g‘azablanmasinlar. 19Janobimiz o‘z bandalaridan otamiz yoki birodarimiz borligi haqida so‘raganlarida, 20biz janobimizga: Bizlarning qari otamiz bor, uning qarilikda ko‘rgan kenja o‘g‘li ham bor, dedik. Uning birodari o‘lgach, onasiga yolg‘iz u qoldi va otamiz ham uni ko‘p sevadi, dedik. 21Shunda siz bandalaringizga: «Uni menga keltiringlar, toki men unga bir nazar solayin», – deb aytdingiz. 22Lekin biz janobimizga: Bola otasini qoldirib kelolmaydi. Agar otasi undan judo bo‘lib qolsa, o‘lib qoladi, dedik. 23Ammo siz bandalaringizga: «Agar kenja ukangiz sizlar bilan kelmasa, yuzimni boshqa ko‘rolmaysizlar», – deb aytdingiz. 24Biz bandangiz, otamizning yoniga qaytib borganimizda, janobimizning so‘zlarini unga aytib berdik. 25Otamiz: «Yana borib bizga bir oz oziq-ovqat sotib olinglar», – deganlarida, 26biz: Borolmaymiz, agar kenja ukamiz bizlar bilan bormasa, u janobi oliylarning yuzini ko‘rolmaymiz, dedik. 27Shunda bandangiz, otamiz bizga: «Bilasizlarki, xotinim Rohila menga ikki o‘g‘il tug‘ib berdi xolos. 28Biri mening oldimdan chiqib ketdi. Men: yirtqich hayvon uni yebdi, dedim va hozirgacha ham uni topmadim. 29Bunisini ham mening ko‘z oldimdan olib ketsangizlar va u baloga yo‘liqsa, unda sizlar oq sochimni qayg‘u bilan go‘rga olib borasizlar», – dedilar.

30Endi, agar men, bandangiz otam yoniga borganimda u bilan bir jon, bir tan bo‘lgan shu bola bizlar bilan birga bo‘lmasa, 31o‘g‘lining yo‘qligini ko‘rib, u o‘lib qoladi, biz, bandalaringiz bandangiz otamizning oq sochini alam bilan go‘rga olib borgan bo‘larmiz. 32Chunki men, bandangiz bu bola uchun kafil bo‘lib, otamga: Agar uni sizga qaytarib olib kelmasam, umrbod sizning la’natingizga qolay, – degan edim. 33Endi mayli, men, bandangiz bu bola o‘rniga janoblariga qul bo‘lib qolayin, bola esa akalari bilan birga bora qolsin. 34Chunki men agar bolani o‘zim bilan olib bormasam, qanday qilib otamning yuziga qarayman? Men otamni kulfatga duchor qilib qo‘yaman-ku!

 

45–BOB - IBTIDO

 

Yusuf o‘zini birodarlariga tanitgani

 

1Shunda Yusuf huzurida turganlarning oldida o‘zini boshqa tuta olmay:

– Hammani huzurimdan chiqaringlar! – deb xitob qildi. Shunday qilib, Yusuf o‘zini birodarlariga tanitgan vaqtda uning huzurida hech kim qolmagan edi. 2U ovozi boricha yig‘ladi. Misrliklar uni eshitishdi va ovoza Fir’avn saroyigacha yetib bordi.

3Yusuf o‘z birodarlariga:

– Men Yusufman! Otam hali ham tirikmi? – dedi. Lekin birodarlari uning qarshisida gangib qolib, nima deyarini bilmas edilar. 4Yusuf yana birodarlariga:

– Menga yaqinroq kelinglar-chi! – dedi. Ular yaqinroq kelishdi. Yusuf so‘zini davom ettirdi:

– Sizlar Misrga sotgan birodaringiz Yusuf – men o‘zim bo‘laman! 5Endi g‘am chekmanglar, meni bu yerga sotganingizdan pushaymon ham bo‘lmanglar. Chunki Xudo jon saqlashim uchun meni sizlardan oldin bu yerga yubordi. 6Mamlakat hali ikki yil qahatchilik ko‘rdi, yana besh yil yer haydalmaydi, o‘rim-yig‘im ham bo‘lmaydi. 7Xudo katta najot bilan naslingiz yer yuzidan qirilib ketmasligi uchun, sizlar barhayot qolishingiz uchun sizlardan oldin meni bu yerga yubordi. 8Demak, meni bu yerga sizlar yuborganingiz yo‘q, balki Xudo yubordi. U meni Fir’avnga ota, uning butun xonadoniga xo‘jayin hamda butun Misr ustidan hokim qilib qo‘ydi. 9Endi tez otamning oldiga boringlar, unga shunday denglar: «O‘g‘lingiz Yusuf bunday deyapti: Xudo meni butun Misr ustidan xo‘jayin qilib qo‘ydi. Siz kechikmay mening oldimga kelavering. 10Siz o‘g‘illaringiz, nabiralaringiz, shuningdek, butun qoramol va qo‘y-echki podalaringiz, bor-yo‘g‘ingiz bilan menga yaqin bo‘lgan Go‘shen yurtida o‘rnashasizlar. 11Sizni bu yerda boqaman, chunki yana besh yil qahatchilik davom etadi. Bo‘lmasa siz xonadoningiz va mollaringiz bilan yo‘qchilikka yuz tutasizlar», – deb aytinglar. 12Mana sizlar ham, ukam Benyamin ham o‘z ko‘zlaringiz bilan ko‘ryapsizlarki, sizlarga bu gapni aytayotgan men o‘zimman. 13Misrda qozongan butun shon-shuhratim va sizlar ko‘rayotgan boshqa hamma narsa haqida otamga xabar qilinglar. Kechikmay, otamni bu yerga olib kelinglar, – dedi.

14Shunda Yusuf ukasi Benyaminning bo‘yniga osilib yig‘ladi. Benyamin ham akasi quchog‘ida yig‘lar edi. 15So‘ng Yusuf hamma akalarini o‘pdi va ularni quchoqlab yig‘ladi. Shundan keyin aka-ukalari u bilan gaplashdilar.

16Yusufning aka-ukalari keldi, degan xabar Fir’avn saroyiga yetib bordi. Fir’avn va uning a’yonlari xursand bo‘ldilar. 17Fir’avn Yusufga shunday amr qildi: «Birodarlaringga ayt, ular bunday qilsinlar: ulovlariga yuklarini ortib, jo‘nab Kan’on yeriga borsinlar. 18Otalarini va oilalarini olib, u yerdan mening oldimga qaytib kelsinlar. Men ularga Misrning a’lo noz-ne’matlarini beraman, bundagi semiz yerning hosilidan yeb to‘yadilar. 19Mana sen amrimni olding, ularga xuddi shunday qilishlarini ayt. Bola-chaqa va xotinlaringiz uchun Misrdan aravalar olib, otangizni ham ko‘chirib kelinglar. 20Qolib ketgan narsalaringizga achinmanglar, butun Misrning noz-ne’matlari sizlarniki bo‘ladi».

21Isroil o‘g‘illari xuddi shunday qildilar. Yusuf Fir’avnning amriga muvofiq ularga aravalar berdi va yo‘l uchun kerak bo‘ladigan ovqat bilan ta’minladi. 22Ularning har biriga bir sidradan kiyim-kechak berdi, Benyaminga esa uch yuz kumush tanga hamda besh sidradan kiyim-kechak berdi. 23Shuningdek, otasiga Misrning noz-ne’matlari ortilgan o‘n bosh hangi eshakni va yo‘l uchun g‘alla, non va boshqa yemishlar ortilgan o‘n bosh urg‘ochi eshakni tortiq qilib yubordi. 24Yusuf birodarlarini kuzatib qo‘yayotganida:

– Yo‘lda arazlashib qolmanglar! – deb ularni jo‘natib yubordi.

25Ular Misrni qoldirib Kan’on yeriga, otalari Yoqub oldiga keldilar. 26Ular otalariga:

– Yusuf hali ham tirik ekan, hozir u butun Misr ustidan hokimdir, – deb xabar berishdi. Yoqub esa qattiq hayajonlanib, ularning gapiga ishonmadi. 27Aka-ukalar Yusufning aytgan hamma gaplarini otalari Yoqubga gapirib berishdi. Uni ko‘chirib kelish uchun Yusufning yuborgan aravalarini ko‘rgandan keyin, Yoqubning ruhi tetiklashdi.

28– Xayriyatki, o‘g‘lim Yusuf hanuz tirik ekan. Men o‘lib ketmasimdan avval uni ko‘radigan bo‘ldim, – dedi Isroil.

 

46–BOB - IBTIDO

 

Isroil o‘g‘illarining Misrga ko‘chishi

 

1Isroil o‘zining bor-yo‘g‘ini olib yo‘lga ravona bo‘ldi. Be’r-Shevaga yetib kelgach, otasi Is’hoqning sig‘ingan Xudosi sha’niga qurbonliklar so‘ydi.

2Kechasi Xudo vahiyda Isroilga zohir bo‘lib unga:

– Yoqub, Yoqub! – dedi.

– Labbay! – dedi u. 3Xudo dedi:

– Men Xudoman, otangning sig‘ingan Xudosiman. Sen Misrga borishdan qo‘rqma, Men u yerda seni buyuk xalq qilaman. 4Men O‘zim sen bilan birga Misrga boraman-u, u yerdan yana O‘zim seni olib chiqaman. Yusufning qo‘llarida ko‘zing yumiladi.

5Shu gapdan so‘ng Yoqub Be’r-Shevadan jo‘nab ketdi. Isroil o‘g‘illari otalari Yoqubni, xotinlar bilan bolalarini Fir’avn yuborgan aravalarda olib borishdi. 6Shunday qilib, Yoqub bilan uning butun zurriyoti Kan’on yerida qo‘lga kiritgan chorvayu mol-mulklarini olib, Misrga yetib kelishdi. 7Yoqub o‘zi bilan birga o‘g‘il-qizlarini va nabiralarini, butun zurriyotini Misrga olib keldi.

8Misrga ko‘chib ketgan Yoqubning o‘g‘illari – Isroil o‘g‘illarining ismlari quyidagicha:

Yoqubning to‘ng‘ichi: Ruben. 9Rubenning o‘g‘illari: Hano‘x, Fallu, Hasro‘n va Karmiy. 10Shim’o‘n va uning o‘g‘illari: Yamuil, Yamin, O‘had, Yaxin, So‘har va kan’onlik xotini unga tug‘ib bergan Shoul. 11Leviy va uning o‘g‘illari: Gersho‘n, Qahot va Merori. 12Yahudo va uning o‘g‘illari: G‘yer, O‘nan, Shelo, Paras va Zarah. Bulardan G‘yer va O‘nan Kan’on yerida o‘lib ketdilar. Paras esa Hasro‘n va Hamul ismli o‘g‘illar ko‘rdi. 13Issoxor va uning o‘g‘illari: To‘lo, Fuvvo, Ayub va Shimro‘n. 14Zavulun va uning o‘g‘illari: Sarad, Elo‘n va Yahlail. 15Mesopotamiyada bo‘lganlarida, Lea bu o‘g‘il-nabiralarini va birgina qizi – Dinani Yoqubga tug‘ib berdi. Yoqubning Leadan ko‘rgan o‘g‘il-qizlari va nabiralari jami bo‘lib o‘ttiz uch jon edilar.

16Yana Gad va uning o‘g‘illari: Sifyo‘n, Haggiy, Shuniy, Esbon, G‘yeriy, Aro‘diy va Ar’iliy. 17Osher va uning o‘g‘illari: Imno, Ishvo, Ishviy va Bariyo hamda singillari Serah. Bariyoning o‘g‘illari: Haver va Malkiel. 18Mana bular – Lobonning qizi Leaga bergan cho‘risi Zilpaning Yoqubga tug‘ib bergan o‘g‘illari. Ular jami bo‘lib o‘n olti jon edilar.

19Yoqubning xotini Rohilaning o‘g‘illari Yusuf va Benyamin edilar. 20Misr mamlakatiga kelgandan so‘ng, O‘n shahrining kohini Po‘tiferoning qizi O‘snat Yusufga Manashe va Efraimni tug‘ib berdi. 21Benyaminning o‘g‘illari: Belo, Bakar, Oshbel, Gero, Na’man, Ehi, Ro‘sh, Muppim, Huppim va Ard. 22Mana bular – Rohilaning Yoqubga tug‘ib bergan o‘g‘illari. Hammasi bo‘lib o‘n to‘rt jon edilar.

23Danning o‘g‘li: Hushim. 24Naftolining o‘g‘illari: Yahsoil, Guni, Yasar va Shillem. 25Mana bular – Lobonning o‘z qizi Rohilaga bergan cho‘risi Bilhaning Yoqubga tug‘ib bergan o‘g‘illari. Ular hammasi bo‘lib yetti jon edilar.

26Yoqub o‘g‘illarining xotinlaridan boshqa, Yoqubning urug‘idan chiqqan va u bilan birga Misrga kelgan barcha jonlar oltmish olti nafar edilar. 27Buning ustiga Yusuf Misrda ikki o‘g‘il ko‘rdi. Jami bo‘lib Yoqub xonadonidan Misrga ko‘chib ketgan jonlar soni yetmish nafar edi.

 

Yoqubning Yusuf bilan uchrashuvi

 

28Yoqub Go‘shenga boradigan yo‘lni bilib olish uchun o‘zidan oldin Yahudoni Yusufning qoshiga yuborgan edi. Ular Go‘shen yurtiga yetib kelganlarida, 29Yusuf aravasini qo‘shib, otasi Isroilning istiqboliga chiqish uchun Go‘shenga ketdi. Ular ko‘rishgach, bir-birining bo‘yniga osilib, quchoqlashgancha uzoq yig‘lashdilar. 30Isroil Yusufga:

– Mana, men seni tirik ko‘rdim. Endi diydoringga to‘yib, bemalol oyog‘imni uzataman, – dedi.

31Yusuf birodarlariga va otasining xonadoni ahliga xitob qildi:

– Men endi borib Fir’avnga xabar qilaman. Unga: Kan’on yeridan mening birodarlarim va otamning xonadoni oldimga kelishdi, – deyman. 32– Bu kishilar mol egasidirlar, chorvadorlik bilan shug‘ullanishadi, qo‘yu sigirlarini va barcha mol-hollarini ham bu yerga olib kelishdi, – deyman. 33Agarda Fir’avn sizlarni chaqirib: «Kasb-koringiz nima?» – deb so‘rab qolsa, 34shunda sizlar: «Bandalaringiz chorvadordir, ko‘hna avlodlardan boshlab to hozirgacha bizlar chorvadorlik bilan shug‘ullanib kelamiz», – deb aytinglar. O‘shanda Go‘shen yurtida bahuzur yasharsizlar. Chunki misrliklar nazarida har bir chorvador makruhdir, – dedi.

 

47–BOB - IBTIDO

 

Isroil o‘g‘illari Fir’avn huzurida

 

1Yusuf Fir’avnni xabardor qilgani uning oldiga borib:

– Mening otam va birodarlarim o‘zlarining qo‘y-echki va qoramol podalari, bor-yo‘g‘i bilan Kan’on yeridan keldilar. Mana hozir ular Go‘shen yurtidalar, – dedi.

2Shundan keyin birodarlaridan beshtasini tanlab, ularni Fir’avnning qoshiga chiqardi.

3Fir’avn aka-ukalardan so‘radi:

– Kasb-koringiz nima?

– Biz, bandalaringiz ota-bobolarimizday qadimdan molboqar bo‘lganmiz, – deyishdi ular Fir’avnga. 4Va qo‘shib: – Biz bu mamlakatga yashash uchun keldik. Kan’on yerida og‘ir qahatchilik, bandalaringizning chorvalariga o‘tloq yo‘q. Endi ijozat bersangiz, bandalaringiz Go‘shen diyorida tursalar, – deyishdi.

5Fir’avn Yusufga qayrilib:

– Otang va birodarlaring sening yoningga kelibdilar. 6Mana Misr diyori sening ixtiyoringda; otang va aka-ukalaringni bu diyorning eng yaxshi joyida o‘rnashtir. Mayli, Go‘shen yurtida turaversinlar. Agarda ularning orasida uddaburo odamlar borligini bilsang, ularni mening chorvam ustidan nazoratchi qilib qo‘y, – dedi.

7Shundan so‘ng Yusuf otasi Yoqubni chaqirib, Fir’avnning qarshisida turg‘izdi. Yoqub esa Fir’avnni duo qildi. 8Fir’avn Yoqubdan:

– Umring ayyomi necha yilga bordi? – deya so‘radi. 9Yoqub:

– Mening g‘aribona umrim ayyomi yuz o‘ttiz yilga bordi-yu, lekin hayotim tez va mashaqqatli o‘tdi, ota-bobolarimning g‘ariblik yillariga yetib bormadi, – dedi. 10Va Fir’avnni tag‘in duo qilib, uning oldidan chiqib ketdi.

11Shunday qilib, Yusuf otasini va aka-ukalarini o‘z joylariga o‘rnashtirdi. Fir’avnning farmoni bo‘yicha, Misrning eng yaxshi joyi bo‘lgan Ra’mses muzofotidan ularga mulk berdi. 12U yerda Yusuf otasini, birodarlarini hamda butun otasi xonadonini ularning bolalari soniga qarab rizq-ro‘z bilan ta’min etdi.

 

Yusuf va Misrdagi qahatchilik

 

13Yer yuzida qahatchilik juda og‘irlashib borar edi. Misr va Kan’on mamlakatlarida ham odamlar ovqat yo‘qligidan holdan toygan edilar. 14Yusuf esa xalqqa sotayotgan g‘alla evaziga Misrning va Kan’onning hamma pulini qo‘lga kiritib, Fir’avn saroyiga to‘plab qo‘yardi. 15Nihoyat Misrda ham, Kan’onda ham pul qolmagach, barcha misrliklar Yusufga yolvorib:

– Bizlarga ovqat bering! Mana pulimiz bitdi, biz sizning ko‘zingiz oldida o‘lib ketsak, bundan nima foyda? – dedilar. 16Yusuf ularga:

– Agar pulingiz bitgan bo‘lsa, chorvalaringizni haydab kelinglar. Men sizlarga chorvalaringiz evaziga oziq-ovqat beraman, – dedi.

17Shunda ular chorvalarini Yusufning oldiga haydab kelishdi. Yusuf ularning ot-eshak, qo‘y-echki va qoramollari evaziga ularga g‘alla berdi. O‘sha yili ularning butun chorvalarini sotib olib, xalqni rizq-ro‘z bilan ta’minladi.

18U yil o‘tib, keyingi yili yana xalq Yusufning huzuriga kelib:

– Biz taqsirimizdan yashirgan narsamiz yo‘q, pul tamom bo‘ldi, mollarimiz esa taqsirimizning ixtiyorida. Mana endi taqsirimizga berish uchun o‘z jon-tanimiz va yer-suvimizdan boshqa narsa qolmadi. 19O‘zlarimiz ham, yer-suvimiz ham sizning ko‘zingiz oldida halok bo‘lishidan nima foyda? Siz o‘zimizni va yer-suvimizni ham oziq-ovqat evaziga sotib oling. Biz yer-suvimiz bilan Fir’avnga qul bo‘lamiz. Bizga urug‘lik bersangiz, bas, toki biz halok bo‘lmay, tirik qolaylik, yer-suvimiz ham cho‘lga aylanmasin, – deyishdi.

20Shunday qilib, misrliklar endi ocharchilikka tob bera olmay, har biri o‘zining ekin maydonini sotdi. Yusuf Misrning barcha yer-suvini Fir’avn uchun sotib oldi, o‘lkaning yer-suvi batamom Fir’avnning egaligiga o‘tdi. 21Misrning bir chekkasidan boshqa chekkasigacha bo‘lgan xalqni qullikka oldi. 22Faqat kohinlarning mulkini sotib olmadi. Chunki kohinlarga Fir’avn tomonidan ajratilgan ekin maydonlari bor edi. Ular bu yerlarning unumidan rizqini yeb turganlari uchun, sotishga majbur emas edilar.

23Yusuf xalqqa xitob qildi:

– Endi men sizlarni va yer-suvingizni Fir’avn uchun sotib oldim. Mana, sizlarga urug‘lik, buni yerga ekinglar. 24O‘rim-yig‘im chog‘ida esa, hosilning beshdan bir qismini Fir’avnga ajratib beringlar. Qolgan to‘rt hissasi sizlarga urug‘lik va xonadoningiz ahliga, bola-chaqalaringizga yemishlik bo‘lsin.

25– Ey taqsir, siz bizga hayot ato etdingiz. Koshki biz yana janobimizning iltifotiga sazovor bo‘lsak, biz Fir’avnga qul bo‘lar edik, – dedi xalq.

26Shunga ko‘ra, Yusuf Misrning yer-mulki to‘g‘risida qonun chiqardi. Bugungacha joriy bo‘lgan ushbu qonun bo‘yicha, hosilning beshdan bir qismi Fir’avnga to‘lanar edi. Faqatgina kohinlarning yer-mulki alohida bo‘lib, Fir’avnga qaram emas edi.

 

Yoqubning so‘nggi tilagi

 

27Isroil farzandlari Misr mamlakatining Go‘shen muzofotida o‘rnashgan edilar. Ular yurtni tasarruf etib, behad o‘sib-ko‘payib ketdilar. 28Yoqub esa Misrda o‘n yetti yil yashadi. Uning umri rosa yuz qirq yetti yoshga bordi. 29Yoqubning ajali yaqinlashgach, u o‘g‘li Yusufni chaqirib:

– Agar sen meni iltifotingga sazovor hisoblasang, unda qo‘lingni sonimning tagiga qo‘y, menga ehsonu vafodorlik ko‘rsatib, meni Misrda dafn etmasliging haqida va’da ber. 30Men olamdan o‘tib, ota-bobolarim bilan bir joyda yotganimdan keyin, meni Misrdan olib ketib, ota-bobolarim yotgan maqbaraga dafn etgin, – dedi. Yusuf:

– Aytganingizdek qilaman, – dedi. 31Yoqub:

– Menga qasamyod qil, – dedi. Yusuf unga qasamyod qildi. Shunda Yoqub to‘shagining boshida sajda qildi.

 

48–BOB - IBTIDO

 

Yoqubning nabiralarini duo qilishi

 

1Bu hodisalardan keyin Yusufga otasining bemor yotganini bildirishdi. U ikki o‘g‘li Manashe va Efraimni o‘zi bilan olib, otasini ko‘rgani bordi. 2Isroilga (ya’ni Yoqubga): «O‘g‘lingiz Yusuf sizni ko‘rishga kelibdi», – deb ma’lum qilishganda, u kuchini to‘plab, to‘shagiga o‘tirdi.

3Yoqub Yusufga:

– Qodir Olloh Kan’on diyoridagi Luz shahrida menga zohir bo‘lib, meni muborak qildi. 4U menga shunday so‘zladi: «Men seni barakali qilib, ko‘paytirib yuboraman. Sendan xalqlar jamoati yarataman. Bu yerni sendan keyingi zurriyotingga ham abadiy mulk qilib beraman», – dedi. 5Endi men sening yoningga, Misrga kelishimdan avval bu yerda sen ko‘rgan shu ikki o‘g‘ling – Efraim va Manasheni meniki deb bilgin. Ular men uchun kattalarim Ruben va Shim’o‘n bilan teng. 6Agar bulardan keyin yana o‘g‘illar ko‘rsang, ularni o‘z o‘g‘illaring deb bilgin. Ularga akalari egallagan yer-mulkidan nasiba beriladi. 7Men Mesopotamiyadan qaytib kelib, Kan’on yurtini kezar ekanman, Efratga borishga sal qolganda Rohila mening ko‘zim oldida vafot etdi. Uni o‘sha yerda, Efrat (ya’ni Baytlahm) yo‘lida dafn etdim, – dedi.

8Isroil Yusufning o‘g‘illarini ko‘rib:

– Bular kim? – deya so‘radi. 9Yusuf otasiga:

– Bular mening Xudo bu yerda nasib etgan o‘g‘illarimdir, – dedi.

– Ularni menga keltir-chi, men ularni duo qilayin, – dedi u.

10Isroilning ko‘zlari qarilikdan xiralashgan edi. Yusuf o‘g‘illarini otasiga yaqinroq keltirdi. Isroil ularni ko‘rolmasa-da, o‘pib quchoqladi. 11Isroil Yusufga:

– Men hatto sening diydoringni ko‘rishdan umid uzgan edim, endi esa Xudo menga zurriyotingni ham ko‘rsatdi, – dedi.

12Yusuf o‘g‘illarini otasining tizzalari orasidan oldi, yuzi yerga tekkuday ta’zim qildi. 13So‘ng Yusuf ikki o‘g‘lini qo‘llaridan ushladi-da, Efraimni o‘ng qo‘liga olib Isroilning chap tomoniga turg‘izdi, Manasheni esa chap qo‘liga olib Isroilning o‘ng tomoniga turg‘izdi. 14Ammo Isroil qo‘llarini chalishtirib cho‘zib, kenjasi Efraimning boshiga o‘ng qo‘lini, to‘ng‘ichi Manashening boshiga esa chap qo‘lini qo‘ydi 15va Yusufni duo qilib dedi:

«Otalarim Ibrohim va Is’hoq Uning oldida yurgan Xudo,

Umrim boshidan to bugungacha meni boqib kelgan Xudo,

16Har bir musibatdan meni xalos qilgan Farishta

Bu o‘smirlarni qut-barakali aylasin.

Mening ismim va otalarim Ibrohim ila Is’hoqning ismi

Ularning o‘rtasida zikr etilib tursin.

Suvda baliqlar qaynagan kabi,

Ular yer bo‘ylab o‘sib-ko‘payib borishsin».

17-18Otasi o‘ng qo‘lini Efraimning boshiga qo‘ygani Yusufga yomon ko‘rindi. U otasiga:

– Ota, bunday bo‘lmasin, to‘ng‘ichi mana bu! O‘ng qo‘lingizni uning boshiga qo‘ying, – dedi-da, otasining qo‘lini Efraimning boshidan olib, Manashening boshiga qo‘ymoqchi bo‘ldi. 19Ammo otasi rozi bo‘lmay:

– Bilaman, o‘g‘lim, bilaman. Undan ham bir xalq paydo bo‘ladi, u ham buyuk bo‘ladi. Va lekin ukasi undan buyukroq bo‘ladi, uning zurriyotidan ko‘pdan-ko‘p xalqlar paydo bo‘ladi, – dedi.

20O‘sha kunning o‘zida Isroil o‘smirlarni duo qilib dedi:

«Isroilliklar muborakbod aylaganlarida,

Sizlarning nomingiz ila aylaydilar.

“Xudo seni Efraimdek, Manashedek qutli qilsin”,

– deb aytadilar».

Isroil shunday deb, Efraimni Manashedan ko‘ra oldinroq qo‘ydi. 21So‘ng u Yusufga:

– Mana, mening kunim bityapti. Xudo sizlar bilan bo‘ladi va sizlarni ota-bobolaringizning yeriga qaytarib keltiradi. 22Men senga birodarlaringnikidan ziyoda bir adir bergayman; uni amo‘riylar qo‘lidan qilichimu kamonim bilan olganman, – dedi.

 

49–BOB - IBTIDO

 

Yoqubning o‘g‘illariga qilgan vasiyati

 

1Yoqub o‘g‘illarini yoniga chaqirib dedi:

«Jam bo‘lingiz, sizlarga ma’lum qilayin,

Oqibatda sizlar bilan nelar yuz berarkin.

2Ey Yoqub o‘g‘illari, to‘planib quloq solingiz,

Tinglangiz otangiz Isroilning vasiyatlarin!

3Ey sen, Ruben, mening to‘ng‘ichim!

Mening qudratim, yoshlik g‘ururim!

Sen shuhrat oshirding, qudrat oshirding,

4Vale jo‘sh urding-da, selday toshding.

Endi o‘z haddingdan oshmagin tag‘in.

Sen-ku, o‘z otangning to‘shagi ustiga chiqding,

Mening ko‘rpa-yostig‘im uzra haromlik qilding.

5Shim’o‘n va Leviy – birodarlar-u,

Jabr-jafo qurolidir ularning ittifoqligi.

6Mening jonim ularning majlisiga kirmas,

Tanim esa ularning qaroriga qolmas.

Zero ular g‘azab aylab odamlarni o‘ldirishdi,

Beboshlik etib buqalarni shikastlantirishdi.

7La’nat ularning toshqin qahr-g‘azabiga!

La’nat ularning beomon sitam-zo‘g‘umiga!

Men Yoqub elida ularga nizo solgayman,

Isroilda tarqatib yuborgayman ularni.

8Ey sen, Yahudo!

Birodarlaring seni madh etishajak,

Tug‘ishganlaring senga ta’zim etishajak.

Yovni esa gardanidan ushlab qolajaksan.

9Ey o‘g‘lim Yahudo, arslon bolasi!

Sen shikoringdan qaytib kelding, o‘g‘lim.

Mana qarang, u sherdek cho‘kdi-yu yotdi;

Arslondayin o‘zi – kim hurkitarmish uni?

10Saltanat hassasi Yahudodan siljimas,

Mirza ham kam bo‘lmas oyog‘i tagidan,

To Maliki Sulh kelguniga qadar;

Elu xalqlar esa Unga bo‘yin sunadilar.

11Ul o‘z eshagini tok novdasiga bog‘lar,

Bahuzur xo‘tigini bog‘da qoldirib ketar.

O‘z kiyim-kechagini sharobga bulab,

Libosini xuni xamrda yuvar.

12Sharobdan ko‘zlari uchqunlanar porloq,

Sutni mo‘l ichib tishlari bo‘lgan oppoq.

13Zavulun dengiz sohilida joylashib,

Kemalarga bandargoh bo‘lajak;

Uning hududi esa Sido‘ngacha cho‘zilajak.

14Issoxor – qo‘ralar orasiga cho‘kkaygan

Suyakdor eshak singari.

15Osoyish yaxshi, diyor yoqimli, – dedi.

Yuk tashishga bo‘yin egay, – deganda,

Qullik bo‘yinturug‘iga kirib qoldi.

16Dan – Isroil qabilalarining biri sifatida

O‘z xalqining qozisiyu homiysi bo‘ladur.

17Dan – yo‘lda bilanglab yurgan ilon,

Yo‘lovchidan bekinib olgan og‘uli ilon.

Ul otning to‘pig‘ini chaqar,

Suvorisi esa orqaga qulab ketar.

18Sening madadingga umidvordirman,

Ey Xudovand!

19Gadni bosmachilar to‘dasi bosib olur,

U iz quvib ularga yetib bosib olur.

20Osher mo‘l-ko‘lchilikda o‘z nonini yeyar,

Shohlarcha noz-ne’matlarni yeb to‘yar.

21Naftoli – chopqir ohudayin o‘zi,

U chiroyligina quralaylarni tug‘ar.

22Yusuf – mevador daraxtning niholi,

Buloq boshida o‘sgan og‘ochning ko‘chati.

Uning tarmoqlari devordan oshib ketadur.

23O‘qchilar dastasi uni ranjitishdi,

O‘q otishib, unga qasd-adovat qilishdi.

24Uning kamoni tarang, qo‘li chechan bo‘ldi.

Yoqubning suyangan Ilohiy Qudratdan,

Isroilni boqqan Ulug‘ Qoyadan u kuch oldi.

25Otangning Xudosi senga madad bergay,

Qodir Olloh seni muborak aylagay.

Yuqorida bo‘lgan ko‘k barakatlarini,

Pastda yotgan tubsizlik serobligini,

Ona emchagi va ona qorni qutini senga ehson etgay.

26Mana, otangning qoldirib ketgan qut-barakatlari –

Abadiy yuksakliklar barakatidan ham oshiq,

Azaliy cho‘qqilar ne’matidan ham ortiqdir.

Ana shu barakatlar barchasi tepadan yog‘ib,

Birodarlarining uluG‘i Yusufga nasib etgay.

27Benyamin – yirtqich bo‘ri!

Sabohda u ovini yamlab yutar,

Oqshomda esa g‘animatni taqsimlar».

 

Yoqubning o‘lishi

 

28Isroilning hamma o‘n ikki qabilalari bulardir, otalarining ularga topshirgan so‘zlari ham shular. U o‘g‘illarini shunday duo qildi, har birini o‘zining duosiga muvofiq duo qildi. 29Ularga vasiyat qilib, yana dedi: «Men o‘z ota-bobolarim oldiga jo‘nay deb turgan ekanman, endi sizlar meni otalarim yotgan, hetiy Afronning dashtida joylashgan g‘orga dafn etinglar. 30Kan’on yerida, Mamre qarshisidagi Maxpela dashtida joylashgan, hetiy Afrondan sotib olingan, Ibrohimning oila maqbarasi bo‘lgan ana u mag‘oraga meni ko‘minglar. 31Ibrohim va xotini Soroni u yerda dafn etdilar. Is’hoq va xotini Rivqoni ham u yerda dafn etdilar. Men Leani ham u yerda dafn etdim. 32Bu dasht va undagi g‘orni biz Het o‘g‘illaridan sotib olganmiz».

33Yoqub bularni aytib, o‘g‘illariga vasiyat qilishni tamom qildi. U oyoqlarini to‘shagi ichiga yig‘ib olib, jon berdi va o‘zining ota-bobolari oldiga jo‘nadi.

 

50–BOB - IBTIDO

 

Yoqubni dafn etish

 

1Shunda Yusuf otasining ustiga yiqilib, yig‘laganicha uning yuz-ko‘zidan o‘pdi. 2Yusuf otasini mumiyolash uchun o‘z xizmatidagi tabiblarga amr etdi, tabiblar Isroilni mumiyoladilar. 3Mumiyolash ishi odat bo‘yicha rosa qirq kunni talab etdi. Misrliklar esa yetmish kun unga yig‘i qildilar.

4Yig‘i davri tugagach, Yusuf Fir’avnning saroy ahliga dedi: «Agar meni iltifotga sazovor hisoblasangizlar, unda Fir’avn zoti oliylariga bildirib qo‘yinglarki, 5otam menga qasam ichirib: “Mening kunim bitdi, meni Kan’on yerida o‘zim uchun qazigan qabrimga dafn etasan”, – degan edilar. Endi ijozatingiz bilan borib otamni dafn etayin, keyin yana bu yerga qaytib kelayin».

6Fir’avn buni eshitib, Yusufga: «Sen bora qol, otang senga qanday qasam ichirgan bo‘lsa, shunday dafn etgin», – dedi.

7Shunday qilib, Yusuf otasini ko‘mish uchun jo‘nadi. Fir’avn saroyining butun xodimlari va keksalari, Misr mamlakatining barcha oqsoqollari, 8shuningdek, Yusufning butun xonadoni, aka-ukalari va otasining xonadoni ham u bilan ketdilar. Faqat bola-baqralarini, qo‘y-echki va qoramol podalarini Go‘shen yurtida qoldirdilar. 9Aravalardan, otu otliqlardan iborat g‘oyat katta bir karvon unga hamrohlik qildi.

10O‘rdun daryosining sharqiy tomoniga, Yantoqli Xirmon degan joyga yetib kelganlarida, u yerda katta va juda salobatli ta’ziya marosimi o‘tkazishdi. Yusuf otasi uchun yetti kun aza tutdi. 11Kan’on aholisi Yantoqli Xirmonda sodir bo‘layotgan bu marosimni ko‘rgach: «Misrliklarning mana bu salobatli motamini qarang!» – dedilar. Shu sababdan O‘rdunning sharqiy bo‘yidagi o‘sha joy Misr Motami deb atalib keladi.

12Yoqubning o‘g‘illari otalarining vasiyatini bajardilar. 13Ular otalarini Kan’on yeriga olib bordilar, Mamre qarshisida joylashgan Maxpela dashtidagi g‘orga uni dafn etdilar. Ibrohimning o‘zi u g‘orni dasht bilan birga oila maqbarasi qilib hetiy Afrondan sotib olgan edi. 14Yusuf otasini dafn etgandan keyin, o‘zi, birodarlari va u bilan otasining janozasida qatnashganlarning hammasi Misrga qaytib keldilar.

 

Yusufning birodarlarini tinchitishi

 

15Otalari o‘lgach, Yusufning birodarlari: «Yusuf bizlarga kek saqlab yuribdi, biz unga qilgan butun yomonliklarning qasdini u bizdan olmasdan qo‘ymaydi», – deb o‘ylardilar. 16Shunday qilib, Yusufga shu mazmundagi eslatishni yo‘lladilar: «Otang o‘lishidan avval vasiyat qilib: 17“Yusufga shunday deb aytinglar: Marhamat qilib, birodarlarining unga qilgan jinoyatlaridan o‘tib, og‘ir gunohlarini kechirib yuborsin”, – degan edilar. Endi marhamat qilib, otang Xudosining qullari bo‘lgan bizning bu og‘ir gunohimizdan kechgin».

Yusuf ularning bu so‘zlarini eshitib, yig‘lab yubordi. 18Oxiri birodarlarining o‘zlari ham keldilar va uning oyoqlariga yiqilib:

– Mana bizlar sening qullaringmiz, – dedilar. 19Yusuf ularga:

– Qo‘rqmanglar, men Xudoning o‘rnida emasman-ku! – dedi. 20– Sizlar menga yomonlik niyat qilgan edingizlar, lekin Xudo buni yaxshi niyatga aylantirib yubordi. Mana hozir ko‘rayotganimizday, U shu yo‘sinda ancha xalqning hayotini asradi. 21Endi qo‘rqmanglar; men sizlarning va bolalaringizning tashvishini qilaman, – dedi. Ularga shunday deb dalda berib, ularning xotirini jam qildi.

 

Yusufning o‘lishi

 

22Yusuf o‘zi va otasining xonadoni Misrda turaverdilar. Yusuf rosa bir yuz o‘n yil umr ko‘rdi. 23Yusuf kenjasi Efraimning uchinchi naslini ham ko‘rdi; to‘ng‘ichi Manashening o‘g‘li Mokirning o‘g‘illari ham Yusufning tizzalari ustida tug‘ildilar.

24Yusuf birodarlariga: «Mening ajalim yetdi. Ammo Xudo, albatta, sizlarni yo‘qlaydi. U sizlarni bu yerdan ko‘chirib, Ibrohimga, Is’hoqqa va Yoqubga qasamyod qilgan yerga olib ketadi», – dedi. 25So‘ng Yusuf Isroil o‘g‘illariga qasam ichirib: «Xudo, albatta, sizlarni yo‘qlaydi. O‘shanda mening suyaklarimni bu yerdan olib ketinglar», – dedi.

26Shunday qilib, Yusuf bir yuz o‘n yoshda qazo qildi. Uni mumiyolab, Misrda bir tobutga soldilar.

 




Китоблар / Муқаддас Китоб / Ўзбек тилидаги

Эски Аҳд:  |  ИБТИДО  |  ЧИҚИШ  |  ЛЕВИЛАР  |  САҲРОДА  |  ҚОНУНЛАР  |  ЁШУА  |  ҲАКАМЛАР  |  РУТ  |  ШОҲЛАР (БИРИНЧИ КИТОБ)  |  ШОҲЛАР (ИККИНЧИ КИТОБ)  |  ШОҲЛАР (УЧИНЧИ КИТОБ)  |  ШОҲЛАР (ТЎРТИНЧИ КИТОБ)  |  СОЛНОМАЛАР (БИРИНЧИ КИТОБ)  |  СОЛНОМАЛАР (ИККИНЧИ КИТОБ)  |  ЭЗРА  |  НАХИМИЁ  |  ЭСТЕР  |  АЮБ  |  ЗАБУР  |  СУЛАЙМОННИНГ ҲИКМАТЛАРИ  |  ВОИЗ  |  СУЛАЙМОННИНГ ГЎЗАЛ ҚЎШИГИ  |  ИШАЁ  |  ЕРЕМИЁ  |  ЕРЕМИЁНИНГ МАРСИЯСИ  |  ҲИЗҚИЁ  |  ДОНИЁР  |  ХЎШЕЯ  |  ЙЎЭЛ  |  АМОС  |  ОБOДИЁ  |  ЮНУС  |  МИХО  |  НОХУМ  |  ХАБАҚҚУҚ  |  ЗАФАНИЁ  |  ХАГГЕЙ  |  ЗАКАРИЁ  |  МАЛАКИ
Янги Аҳд:
МАТТО  |  МАРК  |  ЛУҚО  |  ЮҲАННО  |  ҲАВОРИЙЛАРНИНГ ФАОЛИЯТИ  |  РИМЛИКЛАРГА МАКТУБ  |  КОРИНФЛИКЛАРГА БИРИНЧИ МАКТУБ  |  КОРИНФЛИКЛАРГА ИККИНЧИ МАКТУБ  |  ГАЛАТИЯЛИКЛАРГА МАКТУБ  |  ЭФЕСЛИКЛАРГА МАКТУБ  |  ФИЛИППИЛИКЛАРГА МАКТУБ  |  КОЛОСАЛИКЛАРГА МАКТУБ  |  САЛОНИКАЛИКЛАРГА БИРИНЧИ МАКТУБ  |  САЛОНИКАЛИКЛАРГА ИККИНЧИ МАКТУБ  |  ТИМЎТИЙГА БИРИНЧИ МАКТУБ  |  ТИМЎТИЙГА ИККИНЧИ МАКТУБ  |  ТИТУСГА МАКТУБ  |  ФИЛИМЎНГА МАКТУБ  |  ИБРОНИЙЛАРГА МАКТУБ  |  ЁҚУБНИНГ МАКТУБИ  |  БУТРУСНИНГ БИРИНЧИ МАКТУБИ  |  БУТРУСНИНГ ИККИНЧИ МАКТУБИ  |  ЮҲАННОНИНГ БИРИНЧИ МАКТУБИ  |  ЮҲАННОНИНГ ИККИНЧИ МАКТУБИ  |  ЮҲАННОНИНГ УЧИНЧИ МАКТУБИ  |  ЯҲУДОНИНГ МАКТУБИ  |  ЮҲАННОГА КЎРСАТИЛГАН ВАҲИЙ


Injil Uzbek tili: Yangi Ahd. Latin online
 Matto | Mark | Luqo | Yuhanno | Havoriylar | Yoqub | 1 Butrus | 2 Butrus | Yuhannoning 1chi | Yuhannoning 2chi | Yuhannoning 3chi | Yahudoning | Rimliklarga | Korinfliklarga 1chi | Korinfliklarga 2chi | Galatiyaliklarga | Efesliklarga | Filippiliklarga | Kolosaliklarga | Salonikaliklarga 1chi | Salonikaliklarga 2chi | Timo‘tiyga 1chi | Timo‘tiyga 2chi | Titusga | Filimo‘nga | Ibroniylarga | Vahiy  
Injil Uzbek tili: Eski Ahd. Latin online
IBTIDO | ZABUR

Китоблар Ўзбек тилидаги: Инжил ва Muqaddas Kitob ва Инжил Каракалпак

Kitoblar - Kutubxona  |  Simfoniya  |  Guvohliklar  |  Musiqa mp3  |  VIDEO  |  UzLatin.com   |  Telegram kanal @kitoblar_elektron_uz


Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musiqasi


(skachat Hamdu-Sano-Xudoga.pdf 2 mb)
Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musika
(skachat Hamdu-Sanolar_Imon-yuli.pdf 1 mb)
Online Yangi o'zbek MP3. Ayni damda musiqa javonida 3gb. guruh. Ҳамду санолар
++ KANAL MP3 https://t.me/uzbekmusika ++


Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

Audio Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

Китоблар Ўзбек тилидаги: Инжил ва Muqaddas Kitob ва Инжил Каракалпак
Uzbek tilida Muqaddas Kitob Injil skachat - Audio mp3, Download (.zip 624mb)



Yaxshi audio kitoblarni O`zbek tilidagi

Audio Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

O'zbek tilidagi Kinolar

Uzbek tilidagi Kinolar

KitoBook.com