ZABUR

1–SANO

 

Solihning halovati, fosiqning halokati

 

1Saodatli odamdir u,

Fosiqlar maslahatiga yurmas,

Gunohkorlar yo‘liga kirmas,

Buzuqilar yig‘inida o‘tirmas.

2Illo Xudovandning Qonunidir* uning zavqu orzusi,

Tunu kun Tangri Qonuni ila banddir fikri-zikri.

3Oqar suvlar kanoriga o‘tqazilgan,

Mevasini mavsumida tugadigan,

Barglari esa so‘lmaydigan daraxt kabidir u kishi.

U neki qilsa, tole unga yordir.

4Fosiqlar esa-chi bunday emaslar,

Balki shamolda to‘zg‘ib ketgusi to‘pondirlar.

5Shu bois fosiqlar hukm qilinganda bosh ko‘tarmas,

Gunohkorlar esa solihlar majlisida tura olmas.

6Xudovand solihlar yo‘lini asrar,

Fosiqlar esa o‘z yo‘lida halok bo‘lar.

 

2–SANO

 

Xudo tayinlagan abadiy Hukmron

 

1Nega isyon ko‘taryapti millatlar?

Nechun puch rejalarni tuzyapti elatlar?

2Birgalashib isyon qilib dunyo podshohlari,

Xudovand va Uning Masihiga* qarshi kengashdilar:

3«Qani, buzib tashlaylik ularning kishanlarin,

Xalos bo‘laylik ularning bo‘yinturug‘idin!»

4Samoda o‘ltirgan Egam kular,

Rabbim ularni masxara qilar.

5Vaqti kelib, U qahri bilan so‘zlar,

G‘azab ila ularning ko‘ksiga g‘ulu solar.

6«Men O‘z Podshohimni tayinladim,

Muqaddas tog‘im bo‘lmish Sionda* o‘rnatdim», – deyar.

7Men Xudovand farmonini e’lon etgayman,

U Menga aytdi-kim:

«Sen Mening O‘g‘limsan,

Seni bugun tavallud ettirdim.

8Mendan talab qilgin, toki

Elu xalqlarni nasibang qilay,

Butun yer yuzini mulkingga beray.

9Temir hassa ila boshqarasan* ularni,

Sopol ko‘za misoli parchalab tashlarsan».

10Endi, ey podshohlar, aqlli bo‘ling!

Ibrat oling, ey dunyo hokimlari!

11Qo‘rquv ila Xudovandga xizmat qiling,

Qaltirab Undan masrur bo‘ling!

12Uning O‘g‘lini e’zozlang,

Toki qahri kelmasin.

Uning g‘azabi o‘t olsa tezda,

Unda nobud bo‘lasiz o‘z yo‘lingizda.

Iqbollidir barcha Undan panoh topganlar!

 

3–SANO

 

Xudovandning yordamiga umidvorlik

 

O‘G‘LI ABUSALOMDAN QOCHAYOTGAN PAYTDA DOVUDNING AYTGAN SANOSI.

 

 

1-2Ey Xudovand,

Yovlarim qanchalik ko‘payib ketgan!

Son–sanoqsizdir menga qarshi chiqayotganlar!

3Ko‘plar mening jonimga qasd ila:

Xudodan unga najot yo‘q ekan, demoqdalar.

SALOT*

4Biroq Sen, ey Xudovand,

Mening qalqonim, mening izzatimsan,

Boshimni baland ko‘taradigansan.

5Xudovandga faryod qilganimda,

U meni tinglar O‘zining muqaddas tog‘idan.

SALOT

6Men tinchgina uxlab, xotirjam uyg‘onaman,

Zero Xudovand menga madadkor bo‘lur.

7Qo‘rqinch solmas menga har yoqdan qurshab,

Minglab yopirilgan olomon.

8Ey Xudovand, o‘rningdan turgin,

Qutqargin meni, ey Xudoyim!

Sen barcha dushmanlarim jag‘iga urib,

Fosiqlar tishini sindirib tashlaysan!

9Najot – Xudovanddandir;

Sening barakatingdan xalqing bahramand bo‘lg‘ay!

SALOT

 

4–SANO

 

Kechki ibodat

 

IJROCHILAR RAHBARIGA. SOZ UCHUN. DOVUD SANOSI.

 

 

1-2Iltijo qilganimda, menga javob aylagin,

Ey mening odil Xudoyim!

Tang qolganimda O‘zing najot bergansan;

Yana menga mehribonlik ko‘rsatgin,

Ibodatimga quloq bergil!

3Ey inson o‘g‘illari,

Qachongacha izzatimni tuproqqa qorasizlar?

Qachongacha puch niyatlarga ruju qo‘yasizlar?

Qachongacha yolg‘on-yashiqqa havaslanasizlar?

SALOT

4Biroq bilingiz-kim,

Xudovand O‘z azizini ajratib olgan.

Xudovand mening iltijomni eshitar.

5G‘azablanib, gunoh qilmang!

Yotganingizda qalbingiz ila hamsuhbat bo‘lib, tinchlaning.

SALOT

6Halol qurbonliklar keltiring,

Xudovandga umid bog‘lang!

7Ko‘plar so‘ramoqdalar:

Kim bizga baxt-saodat keltirar ekan?

Jamoling nurini ustimizga solgin, ey Xudovand!

8Ularning bug‘doyi va sharobi ko‘paygan, biroq

Sen mening dilimga shodlik berding ko‘proq.

9Osoyishta yotaman ham uyg‘onaman;

Chunki, ey Xudovand,

Xotirjamligimga yolg‘iz Sen posbon.

 

5–SANO

 

Tonggi ibodat

 

IJROCHILAR RAHBARIGA. NAYCHILAR UCHUN. DOVUD SANOSI.

 

 

1-2Ey Xudovand,

So‘zlarimni tinglagin,

Ogoh bo‘lgil niyatimdan!

3Nolayu faryodimga quloq solgin,

Ey Podshohim ham Xudoyim!

Men Senga ibodat qilmoqdaman.

4Tong chog‘i ovozimni eshitasan, ey Xudovand,

Tong chog‘i Sening oldingda hozir bo‘laman,

Intizorlik-la ko‘z tutaman Sen tomon.

5Sen yovuzlikni xush ko‘rmaydigan Tangrisan,

Nopok odam joy topmas Sening huzuringda,

6Takabbur esa qad ko‘tarmas qarshingda.

Nafrat etasan jami badkirdorlardan,

7Yolg‘on so‘zlovchini O‘zing mahv etasan.

Ha, Xudovand qonxo‘ru makkordan jirkanur.

8Men esam, rahming ko‘pligi tufayli

Sening uyingga kiraman.

Muqaddasma’bading* tomon bosh egib,

Senga xos qo‘rqinch ila sajda qilaman.

9Yovlarim-chun meni haqiqat yo‘lingga boshla,

O‘z yo‘lingni ravon qilgin oldimda,

Ey Xudovand!

10Ularning og‘zida to‘g‘rilik yo‘qdir,

Kasofatdir ularning botini.

Bo‘g‘izlari – ochiq qabr,

So‘zlari – faqat tilyog‘lama.

11Ey Xudoyim, ularni gunohkor bil!

Yomon niyatlari o‘zlariga ursin!

Gunohlari ko‘pligi bois ularni daf qil!

Chunki ular Senga qarshi isyon qildilar.

12Sendan panoh topgan hamma sevingay,

Doimo quvonib tarannum etishgay.

Ularni O‘zing himoya qilursan,

Nomingni sevguchilar Sen-la shod bo‘lgay.

13Ey Xudovand,

Solihga O‘zing baraka berursan,

Lutfu karamingni qalqonday qilib,

Uning ila solihni o‘rab olursan.

 

6–SANO

 

Vasvasaga tushganning nolasi

 

IJROCHILAR RAHBARIGA. SAKKIZ TORLI SOZDA. DOVUD SANOSI.

 

 

1-2Ey Xudovand,

Qahring kelib, ta’zirimni bermagin,

G‘azabing ila meni jazolamagin!

3Menga mehribonlik qilgin, yo Rabbim,

Chunki men bemajolman.

Menga shifo bergin, ey Xudovandim,

Chunki ustuxonlarimni titroq bosdi.

4Jon-tanimni vahima qamramoqda.

Sen-chi, ey Xudovand, qachongacha..?

5Qaytgin, ey Tangrim, jonimni qutqar,

Lutfing sharafi uchun xalos qil meni!

6O‘lim diyorida Seni yodlamaslar,

Tamug‘da kim shukrona aytar Senga?

7Men oh-zor qilaverib g‘oyatda charchadim.

Har kecha ko‘rpam nam bo‘ladi,

Ko‘z yoshim-la ho‘llayman to‘shagim.

8Ko‘zim nuri qayg‘udan ado bo‘ldi,

Yovu ag‘yor madorimni tamom qildi.

9Ey sizlar, hamma badkirdorlar,

Yo‘qolinglar mening ko‘z oldimdan!

Xudovand eshitdi mening ohu nolamni,

10Xudovand eshitdi munojotimni.

Ha, ibodatimni Xudovand qabul etadi.

11Barcha dushmanlarim sharmanda bo‘lsin,

Qattiq sarosimaga tushsinlar!

Bir lahzada qaytib, shuvut bo‘lsinlar!

 

7–SANO

 

Gunohkorga jazo, pokdilga najot

 

BENYAMINLAR O‘G‘LI KUSHNING QILMISHLARI HAQIDA DOVUDNING XUDOVANDGA O‘QIGAN GIRASI.

 

 

1-2Sendan men panoh topdim, ey Xudovandi karimim,

Hamma qasdimga tushganlardan qutqar, xalos et!

3Aks holda sherdayin jonimni tishlab parchalar,

Chilparchin bo‘larman, xaloskorim qolmasdan.

4Ey Xudovandi karimim,

Agar gunoh ish qilgan bo‘lsam,

Qo‘limni nohaqlikka bulg‘agan bo‘lsam,

5Pok niyatliga yomonlik qaytargan bo‘lsam,

Sababsiz g‘animni g‘orat qilgan bo‘lsam,

6Unda dushman jonim payiga tushib, quvib yetsin,

Hayotimni yerda toptab, nomusimni tuproqqa qorsin.

SALOT

7Ey Xudovand, g‘azabing ila tur!

Yovlarim zo‘g‘imiga qarshi ko‘taril!

Voqif bo‘lib, meni odil hukm qil!

8Xalqlar jamoati Seni o‘rasin;

Ular ustidan yuksak o‘rningni olgin!

9Ey Xudovand, qavmlarni hukm etuvchi!

Men solihman, ko‘nglim pok,

Yuzimni yorug‘ qilgin, ey Xudovand!

10Fosiqlar yovuzligi barham topsin,

Solihni-ku Sen asrarsan, ey odil Xudo,

Yuraklaru ko‘ngillarni sinovdan o‘tkazuvchi!

11Mening qalqonim Xudo bo‘lur;

Pokdillarga U najot berur.

12Xudo odil hukm chiqarur,

Har kun tegishlicha chora ko‘rur.

13Fosiq bo‘lsa, gunoh yo‘ldan qaytmas.

U shamshirin charxlab, shay qilgan kamonin.

14Tirlarini yonadigan qilib,

O‘ziga o‘zi ajal sipohisi bo‘lgan.

15U noto‘g‘rilik tuxumini bosib,

Kasofat jo‘jalarini ochib chiqar,

Oqibatda o‘zini o‘zi aldar.

16O‘zgaga choh qazigan kishi

Qazigan chohiga o‘zi qular.

17O‘zgaga falokat tilaganning falokati

O‘z oyog‘i ostida bo‘lar.

Mushtumzo‘rning mushti o‘ziga qaytar.

18Men Xudovandning adolatini kuylab shukrlar deyman,

Tangri Taoloning nomini tarannum etgayman.

 

8–SANO

 

Xudovandning ulug‘vorligi va mehribonligi

 

IJROCHILAR RAHBARIGA. «GAT» SOZIDA. DOVUD SANOSI.

 

 

1-2Ey Xudovand, bizning Rabbimiz,

Yer yuzi bo‘ylab Sening noming naqadar ulug‘vor!

Osmondan ham yuksakdir ulug‘vorliging!

3Sen go‘dagu chaqaloqlar og‘zida madh yaratding*,

Toki Senga qarshi xusumat saqlab yurgan

Dushmanu intiqomchi og‘zini to‘sib qo‘ygin.

4Sen bunyod etgan ko‘kka ko‘zim tikilsa,

O‘zing o‘rnatgan oyu yulduzlarga boqsam,

5Inson qadri nedirki, Sen uni yodlagaysan?

Odam o‘g‘li nedirki, Sen uni ardoqlaysan?

6Sen uni Xudodan* andak past qilding,

Izzatu jamol tojini unga kiydirding.

7O‘z yaratganlaring ustidan unga saltanat berding,

Bor mavjudotni uning oyoqlari tagiga qo‘yding:

8Qo‘ylaru sigirlar barisin,

Hamda dala-dasht hayvonlarin,

9Ko‘k parrandasiyu dengiz baliqlarin,

Rohi bahrdan o‘tuvchi suv maxluqotlarin.

10Ey Xudovand, bizning Rabbimiz,

Yer yuzi bo‘ylab Sening noming naqadar ulug‘vor!

 

9–SANO

 

Dovudning g‘alaba madhiyasi

 

IJROCHILAR RAHBARIGA. «O‘G‘ILNING O‘LIMI» KUYIGA. DOVUD SANOSI.

 

 

1-2Chin yurakdan Xudovandga shukrlar deyman,

Sening mo‘jizalaringni, ey Taolo,

Bir-bir hikoya qilaman.

3Sendan shodlanib tantana qilaman,

Ismi sharifingni doim tarannum etaman.

4Mening dushmanlarim orqaga qaytdi,

Qarshingda qoqilib, yo‘qolib ketdi.

5Sen meni hukm etib, yuzimni yorug‘ qilding,

Adolatli hakam bo‘lib taxtga o‘tirding.

6Sen ellarga ta’zir berding,

Betavfiqlarni mahv qilding,

Nomlarini dorilbaqodan o‘chirding.

7Dushmanlar bitdi, kul bo‘ldi yarog‘i,

Shaharlarini Sen xarob qilding,

Ulardan xotira ham qolmadi.

8Xudovand abadiy O‘z taxtida o‘tirar,

Hukm uchun U taxtini qurgandir.

9Dunyoni adolat bilan boshqarib,

Xalqlar uchun to‘g‘ri hukm chiqarur.

10Mazlum uchun Xudovand panohdir,

Qayg‘uli zamonlarida panogohdir.

11Nomingni bilganlar Senga umid bog‘lar,

O‘zingga iltijo qiluvchilarni tark etmaysan, ey Xudovand!

12Sionda davr surgan Xudovandni kuylang!

Xalqlar ichra ajoyibotlarini xabarlang!

13Xudovand xun oluvchidir,

U jafokashni yodda tutadi,

Unutmaydi mazlumlar faryodini.

14Menga mehribonlik ko‘rsatgin, ey Xudovand,

G‘animlarimdan tortgan kulfatimni ko‘rgin!

O‘lim darvozasidan O‘zing qaytargansan meni,

15Toki Sion qizing darvozalarida

Sening barcha hamdlaringni xabar qilay,

Sening najoting bilan quvonay!

16Xalqlar o‘z qazigan chohlariga quladi,

O‘z qo‘ygan domlariga oyoqlari ilindi.

17Xudovand O‘z hukmini yuritganidan tanildi,

Betavfiq esa o‘z qilmishlari bilan tutildi.

OHANGLI SALOT

18Betavfiqu Xudoni unutgan barcha ellar

O‘liklar diyoriga tushib qoladilar.

19Biroq bechorahol umrbod unutilmas,

Kambag‘alning umidi abadiy tugamas.

20Turgin, ey Xudovand,

Banda manmanlik qilmasin!

Xalqlar Sening huzuringda muhokama bo‘lsin!

21Ey Xudovand, xalqlarga dahshat solgin!

Ular bilsinki, oddiy insondirlar.

SALOT

22Ey Xudovand, nega mendan uzoqdasan?

Nega og‘ir zamonlarda ko‘rinmaysan?

23Mana, betavfiq mag‘rurlanmoqda,

Bechoraholning esa joni yonmoqda.

Ular to‘qigan ig‘volari o‘z boshiga qaytsin!

24Betavfiq-ku g‘arazgo‘yni duo qiladi,

O‘zining nafs bandasi bo‘lishi bilan maqtanib.

25Xudovandni esa mensimaydi betavfiq,

«Xudo o‘ch olmas-ku», deydi gerdayib;

Xudoga hech joy yo‘q uning xayolida.

26Yo‘llari har doim o‘ng‘ay bo‘lur,

Sening hukmlaring esa balandda,

Uzoqda turur uning xayolidan.

Dushmanlariga esa u bir puflab,

Hammasini nazarga ilmay qo‘yar.

27Yuragida u aytadir:

Men hech qachon pand yemayman,

Falokatga ham uchramayman, to abad!

28Tili ostida la’natu hiyla-nayrang yotadir,

Uqubatu kasofat uning izmidadir.

29U qo‘ra ortida pisib yotib,

Pinhona gunohsizni o‘ldirar,

Ko‘zlari faqirni yashirincha qidirar.

30O‘z inida berkingan arslon singari

Bechorani tutmoq-chun pistirmaga berkinar,

Bechorani bosib olib, o‘z domiga tortar.

31Bechora-ku ezilib, ikki bukilib,

Yirtqich panjalaridan nobud bo‘lar.

32Betavfiq o‘z dilida aytar:

Tangri unutibdi, yuz-ko‘zini berkitibdi,

Qilmishimni U abadiy ko‘rmas!

33Turgin, ey Xudovand,

Cho‘z qo‘lingni, ey Tangrim!

Unutma bechorayu mazlumni!

34Nechun betavfiq Xudoni mensimay:

«Sen o‘ch olmaysan», deb ko‘nglida aytar?

35Sen ko‘rib turibsan-ku,

O‘z qo‘ling bilan uning chorasini berasan.

Sen jafoni, azob-uqubatni ko‘rasan!

Bechorahol umidini Senga bog‘laydi,

Yesir-yetimlarga O‘zing g‘amxo‘rsan.

36Fosiqlaru jinoyatchilar qo‘lini qirqib tashla,

Toki yovuzligining izi bitsin!

37Xudovand abadulabad Podshohdir,

Yot xalqlar Uning diyoridan yo‘q bo‘lur.

38Mo‘minlar tilagini Sen eshitasan, ey Xudovand,

Yuraklariga dalda berib, ularga quloq solasan.

39Yetimu mazlumlarni O‘zing himoya qilasan;

Yerdagi odamzod boshqa vahm olmasin.

 

10–SANO

 

Xudovand – solihning panohi

 

IJROCHILAR RAHBARIGA. DOVUD SANOSI.

 

 

1Xudovanddan men panoh topdim.

Sizlar qanday qilib jonimga deysiz:

«Qush kabi tog‘laringga uchib ket!»

2Qarang, fosiqlar kamonini tortib,

Pokdilni zulmatda otmoq uchun

O‘qlarini ipga qadab qo‘yibdilar!

3«Poydevor vayron bo‘lgandan so‘ng,

Solih ne qila bilar?» – deya.

4Xudovand O‘zining muqaddasma’badidadir,

Taxti osmondadir Xudovandning.

Xudovandning ko‘zlari ko‘rar,

Nigohi tekshirar inson o‘g‘illarin.

5U solihlaru fosiqlarni sinab ko‘rar,

Zo‘ravonlar esa Uning nafratiga yo‘liqar.

6Fosiqlar boshiga U yomg‘irday qo‘ru cho‘g‘

Hamda yonayotgan oltingugurt yog‘dirar,

Garmsel ularning taqdiru qismati bo‘lar.

7Zeroki Xudovand barhaqdir,

U haqqoniy ishlarni sevar,

To‘g‘ri kishiga esa yuzini qaratar.

 

11–SANO

 

Yovuzlikka qarshi ibodat

 

IJROCHILAR RAHBARIGA. SAKKIZ TORLI SOZDA. DOVUD SANOSI.

 

 

1-2Najot bergin, ey Xudovand!

Chunki xudojo‘y hech qolmadi,

Banibashar ichra mo‘min yo‘q bo‘ldi.

3Har kim o‘z yaqiniga yolg‘on so‘zlaydir,

Tili boshqa, dili boshqa tilyog‘lamachilardir.

4Xudovand qirib tashlagay bunday buzuq og‘izni,

Qirqib tashlagay katta gapiruvchi har bir tilni!

5«Biz tilimiz-la zo‘r chiqamiz,

Lab-dahan o‘zimizniki, – demoqda ular –

Kim ham bizga xo‘jayin bo‘lolar ekan?»

6«Bechorahollar xonavayron bo‘lganini,

Faqirlarning xo‘rsinganini Men eshitib,

Endi harakatga kelaman, – deydi Xudovand, –

Ular ko‘z tegizgan odamni huzurga erishtiraman».

7Xudovand kalomlari – pok kalomlardir,

Tuproqdan olinib o‘choqda yetti gal eritilgan

Musaffo kumushday kalomlardir.

8Ey Xudovand, Sen ularni muhofaza qilasan,

Bizni ham bu nasldan abadiy asraysan.

9Betavfiqlar endi bemalol aylanib yurishibdi,

Banibashar ichra tubanlik avjga chiqqan.

 

12–SANO

 

Tushkunning Xudoga tavakkal qilishi

 

IJROCHILAR RAHBARIGA. DOVUD SANOSI.

 

 

1-2Ey Xudovand, qachongacha meni unutasan?

Qachongacha mendan yuz o‘girasan?

3Qachongacha qiynar ekanman jonimni,

Tunu kun talvasada to‘lg‘anib qalbim?

To qaygacha dushman mendan g‘olib chiqar ekan?

4Yo Xudoyo Xudovando,

Menga qarab, quloq solgin,

O‘lim uyqusiga botib qolmayin!

5Dushmanim: Uni yengdim, demasin,

Yiqilib qolsam, yov tantana qilmasin.

6Men Sening lutfingga umid bog‘ladim,

Sendan najot topib, ko‘nglim quvonur.

U menga xayrixohlik ko‘rsatdi deb,

Xudovandni tarannum etarman.

 

13–SANO

 

Shakkokning ahmoqligi va razolati

 

IJROCHILAR RAHBARIGA. DOVUD SANOSI.

 

 

1Ahmoq o‘z ko‘nglida: «Xudo yo‘q», – deydi.

Bundaylar buzilib, razolat botqog‘iga botar.

Yaxshilik qiladigan hech kimsa yo‘qdir.

2Xudovand inson o‘g‘illariga osmondan boqar,

Xudoni qidiruvchi biror idrokli kishi bormikan deya.

3Biroq hammasi yanglishib,

Barchasi murdor bo‘lgan.

Yaxshilik qiluvchi hech kimsa yo‘q,

Hatto biror kishi ham yo‘qdir!

4Xalqimni bir luqma kabi yeb yuboradigan,

Xudovandni esa hech chaqirmaydigan

O‘sha badkirdorlar to‘dasining aqli yetmaydimi?

5Mana, qo‘qqisdan ularni vahma bosdi!

Chunki Xudo solihlar nasli orasidadir.

6Faqirni ko‘ngil armonidan ayirdingiz,

Illo Xudovand uning panohidir.

7Koshki SiondanIsroilga najot kelsa!

Xudovand O‘z xalqini asoratdan qaytargach,

Bani-Yoqub shod bo‘lgay, Isroil sevingay!

 

14–SANO

 

Xudovandga ma’qul kim?

 

DOVUD SANOSI.

 

 

1Ey Xudovand, Sening chodiringga kim qo‘nar?

Kim maskan topar muqaddas tog‘ingda?

2Kimki pokdil bo‘lib, halol ishlasa,

Chin qalbdan haqiqatni so‘zlasa,

3Kimki tiliga bo‘hton olmasa,

Birodariga yomonlik qilmasa,

Xesh-aqrabosini sharmanda qilmasa,

4Kimki manfur kishidan nafrat etsa,

Xudovanddan qo‘rqqanlarni hurmat qilsa,

O‘z zarariga bo‘lsa ham so‘zidan qaytmasa,

5Pulini qarzga berib sudxo‘rlik qilmasa,

Begunohni qoralash uchun pora yemasa –

Kimda-kim bularga e’tibor bersa,

U to abad tebranmas.

 

15–SANO

 

Xudojo‘yning tilagi

 

DOVUD SHE’RI.

 

 

1Ey Tangrim, meni O‘zing asragin,

Chunki Sendan panoh topganman.

2Men Xudovandga dedim:

Sen mening Rabbimsan,

Sendan boshqa men uchun xayr yo‘q.

3Mamlakatdagi asil, aziz kishilardadir

Mening butun zavqu murodlarim.

4Soxta xudoga sajda qilganlarning dard-g‘ami oshsin!

Ular qon to‘kib xudoyi qiladilar.

Men qo‘limni bulg‘amayman bunday ishlarga,

Ularning nomini ham og‘zimga olmayman.

5Ey Xudovand, Sen mening nasibamsan,

Kosam oqi – O‘zingdirsan,

Taqdirim qur’asi – Sening qo‘lingda.

6Ko‘ngilli yerlarga tushdi marzalarim,

Huzur-halovatdir mening merosim.

7Menga mashvarat bergan Xudovandni olqishlayman,

Kechalari o‘z botinlarim menga o‘git qilar.

8Xudovandni doim ko‘z oldimda ko‘raman,

U o‘ng tomonimda bo‘lguncha tebranmasman.

9Shul bois mening dilim quvonur,

Tilimdan* shod-xurramlik to‘kilur,

Tanim ham umidvoru bexatar bo‘lur.

10Sen o‘liklar diyoriga tashlab ketmaysan jonimni,

O‘z azizingga chuqurlik yuzini ko‘rsatmaysan.

11Sen hayot yo‘lini menga bildirasan,

Baxt-quvonchlar to‘kindir huzuringda,

Boqiy halovatdir Sening o‘ng qo‘lingda.

 

16–SANO

 

Mazlumning faryodi

 

DOVUD IBODATI.

 

 

1Ey Xudovand, salohga e’tibor bergin,

Dod-faryodimga quloq solgin,

Makrsiz irindan ungan ibodatimni tinglagin!

2Yuzimni O‘zing yorug‘ qilgin,

Ko‘zlaring to‘g‘rilikka yetaklansin!

3Dilimni sinab, kechalari meni yo‘qlading,

Imtihon qildingu, biror yomon niyatni topmading.

Chunon tilim ila dilim birdir mening.

4Odamlar ish-amaliga kelganda deyman:

Men Sening kalomingga rioya qildimu,

G‘addor yo‘llaridan o‘zimni tiydim.

5Qadamlarimni O‘z rohingda sobit qilgin,

Toki oyoqlarim zinhor tebranmasin.

6Senga nola qilaman, ey Tangrim,

Chunki Sen menga javob berarsan.

Qulog‘ingni menga tutgin, tingla so‘zimni!

7Ajoyib mehr-inoyatingni ko‘rsatgin,

Ey, iltijo qiluvchilarning Xaloskori!

Sening qo‘ling himoyasida

Osiylardan panoh topsa bo‘ladi.

8Ko‘z qorachig‘iday asragin meni,

O‘z qanotlaring soyasida yashirgin meni

9Zarba bergan betavfiqlardan,

Har yoqdan o‘rab olgan jon dushmanidan!

10Ularning yuragini-ku yog‘ bosgan,

Og‘izlari maqtanishdan gupurmoqda.

11Har qadamda bizni ta’qib etib,

Har tomonlama o‘rab olmoqdalar,

Yerga urmoq uchun pusib yotibdilar.

12Ular ovga zoriqqan arslonga,

Pistirmada poylab yotgan qoplonga o‘xshar.

13Ey Xudovand, turgin!

Ularning oldini olib, qulatgin!

O‘z qiliching-la jonimni fosiqlar qo‘lidan tortib olgin!

14Ey Xudovand, shunday odamlardan,

Ha, shu jahonning odamlaridan

O‘z qo‘ling bilan meni xalos qilgin!

Ular nasibalarini bu hayotdayoq olmoqdalar.

Sen ularga ravo ko‘rgan oziq bilan qornini to‘q qil!

O‘g‘illari qornini ham to‘q qil!

Hatto kelajak avlodga ham ortib qolsin!

15Men esa saloh ila Sening siymongni ko‘rgayman,

Uyg‘onganim zamon Sening diydoringga to‘yarman.

 

17–SANO

 

Dovudning zafar madhiyasi

 

IJROCHILAR RAHBARIGA. XUDOVAND O‘Z QULI DOVUDNI BARCHA DUSHMANLARI VA SHOUL QO‘LIDAN OZOD ETGAN KUNDA, DOVUD USHBU QO‘SHIQ BILAN XUDOVANDNI TARANNUM ETIB, DEDI:

 

 

1-2Ey Xudovand, mening quvvatim,

Senga men mehr bog‘ladim.

3Xudovand – suyanchig‘im mening,

Qo‘rg‘onimu Xaloskorim mening!

Tangrim – boshpana topgan qoyam,

Qalqonim, qahramonim, istehkomim mening!

4Tahsinlarimga loyiqdir Xudovand,

Uni chaqirgan chog‘im yovlarimdan xalos etur.

5O‘lim zanjirlari meni qurshab oldi,

Balo-qazo sellari dahshatga chulg‘adi.

6Tamug‘ iplariga ilinib qoldim,

O‘lim to‘rlariga o‘ralib qoldim.

7Tang ahvolimda Xudovandni chaqirdim,

Xudoyimga faryod etib yolvordim.

O‘z ma’badidan Ul eshitdi ovozim,

Fig‘onim Uning dargohiyu qulog‘iga yetdi.

8Onchoq dunyo larzaga kelib qaltiradi,

Tog‘lar poydevori titrab junbushga keldi.

Chunki Tangri Taolo g‘azabga mindi.

9Uning burnidan tutun chiqdi,

Og‘zidan halokatli otash sochildi,

Yonayotgan cho‘g‘lar yog‘ildi Undan.

10U ko‘klar bag‘rini tilib tushdi,

Tim zulmat oyoqlari ostida edi.

11U malakka minib uchib,

Yel qanotlari uzra parvoz etdi.

12Tun pardasini O‘ziga yopinchiq qilib,

Tubsiz, sim-siyoh suvlarga berkinib,

Quyuq falak bulutlariga burkandi.

13Uning huzuri nurafshanligidan bulutlar qochdi,

Do‘l va yonayotgan cho‘g‘lar yog‘ildi.

14Xudovand ko‘klarni gulduratdi,

Xudoyi Taolo tovushini eshittirdi,

Do‘l va yonayotgan cho‘g‘lar yog‘dirdi.

15U o‘qlarini otib yovlarini tarqatdi,

Chaqmog‘ini chaqnatib ularni to‘zitib yubordi.

16Ey Xudovand, Sening qahrli tovushingdan,

Ruhingning g‘azabnok sadosidan

Suv chashmalari ochilib qoldi,

Dunyoning poydevori yaqqol ko‘rindi.

17U ko‘kdan enkayib qo‘limdan ushlab qoldi,

Azim suvlar ichidan meni chiqarib oldi.

18U meni baquvvat dushmanlarimdan,

Mendan kuchli g‘animlarimdan xalos etdi.

19Ofatli kunimda ular qarshimga chiqdi,

Lekin Xudovand mening tayanchim bo‘ldi.

20U meni kenglikka chiqarib qo‘ydi,

Mendan rozi bo‘lib, erkinlikka chiqardi.

21Xudovand salohimga yarasha meni siylar,

Qo‘llarim pokligi bo‘yicha meni taqdirlar.

22Chunki men Xudovand yo‘llarini tutdim,

Xudoyim yo‘lidan chiqib yomonlik qilmadim.

23Uning butun hukmlari ko‘z o‘ngimdadir,

Uning qonunlaridan chekinmadim aslo.

24Uning oldida sidqi dil bilan yurib,

Gunohlardan o‘zimni saqladim.

25Xudovand meni solih deb taqdirladi,

Halol ish qilib, Unga maqbul bo‘ldim.

26Sodiq kishiga Sen sadoqat ko‘rsatasan,

Samimiy odamga samimiy bo‘lasan.

27Pok kishiga poklik ato qilasan;

Biroq egri odam bilan ters yo‘l tutasan.

28Ezilgan xalqni O‘zing qutqarib,

Manmanlarni esa qaqshatasan.

29Yo Rabbim, Sen mening shamimni yoqasan,

Zulmatimni Xudoyim O‘zi yorug‘ aylar.

30Sening madading ila men qo‘shinga ham zarba beraman,

Xudoyim nomi bilan to‘siq oshib ketaman.

31Tangrining yo‘li komildir,

Xudovandning kalomi sofdir.

Undan panoh so‘ragan hammaga U bir qalqondir.

32Xudovanddan boshqa tangri kim ekan?

Xudoyimizdan bo‘lak panoh qoyasi bormikan?

33Tangri belimga quvvat kamarin bog‘lar,

Yo‘limni O‘zi kamolga yetkazar.

34U oyoqlarimni bug‘u oyoqlariday qilib,

Meni baland yerlar ustiga turg‘izar.

35Qo‘llarimni U jangga o‘rgatar,

Mis yoyni otish ham qo‘limdan kelar.

36Sen menga najot qalqoningni bergansan.

Sening qo‘ling – tayanchim mening,

Iltifoting meni yuksaltirur.

37Oyog‘imni O‘zing sobitqadam qilursan,

Qimir etmas hech tovonim.

38Dushmanlarimni quvib ularga yetaman,

Ularni tor-mor qilmaguncha qaytmayman.

39Ularga zarba qilsam, qad ko‘tarmaslar,

Oyoqlarim ostiga yiqilib qolarlar.

40Jang qilmog‘im uchun belimga quvvat kiritarsan,

Menga qarshi chiqqan yovni oyog‘im ostiga cho‘ktirarsan.

41Dushmanlarimning orqa tomonini menga burding,

Mendan nafrat etganlarni qirib bitiraman.

42Ular faryod etsa-da, qutqaruvchi bo‘lmas,

Xudovandni chaqirsalar-da, U eshitmas.

43Yel to‘zonni ko‘kka sovurganday,

Men ularning kulini ko‘kka sovuraman,

Yo‘l ustidagi loy kabi toptab tashlayman ularni.

44Sen harbu zarbdan meni xalos etding,

Yot xalqlarga meni sardor qilding,

Men bilmaydigan el menga qaram bo‘ldi.

45Ular ovozimni eshitiboq itoat etadilar,

Ajnabiylar menga shirinzabonlik etadilar.

46Qal’alaridan tir-tir titrab chiqadilar,

Holdan ketib, ajnabiy o‘g‘illari.

47Xudovand barhayotdir, mening qoyamdir,

Unga hamdu sanolar bo‘lsin!

Najotkor Xudoyim yuksalsin!

48Tangrim mening o‘chimni oladi,

Xalqlarni menga tobe qiladi.

49Dushmanlarimdan O‘zing qutqarasan,

G‘animlarimdan ko‘ra meni yuksaltirasan,

Zo‘ravonlar panjasidan xalos qilasan.

50Shul sababdan, ey Xudovand,

Millatlar ichra Seni madh qilaman,

Ismingni tarannum etaman Sening.

51Sen podshohingga ulug‘ najotlar ato qilarsan,

O‘z tanlaganing – Dovud va uning zurriyotiga

Mangu inoyatlar baxsh etarsan.

 

18–SANO

 

Yaratganning ishlari va kalomi

 

IJROCHILAR RAHBARIGA. DOVUD SANOSI.

 

 

1-2Osmon Tangri ulug‘vorligini e’lon etar,

Falak Uning yaratganlarini bayon etar.

3Kun kunga suxan qilar,

Tun tunga bilim qo‘shar.

4Na so‘zlar bor, na biron kalom,

Eshitilmas ularning tovushi.

5Lek butun dunyoga yoyildi daragi,

Yerning to‘rt tarafiga yetdi xabari.

Mana, quyosh uchun ham makon qurilgan!

6U quyoshdirki, go‘shangadan chiqqan kuyovday,

Botirday quvonib, o‘z yo‘lida yelib ketar.

7Uning chiqishi osmonning bir chetidandir,

Davrasi esa ko‘k yuzi chegarasiga qadardir.

Hech na berkina bilmas uning taftidan.

8Xudovand Qonuni mukammaldir,

U jonga jon kiritadi.

Xudovand vahiysi barqarordir,

U sodda odamga donish beradi.

9Xudovand farmoni rostdir,

U ko‘ngilni quvontiradi.

Xudovand amri yorug‘dir, ko‘zni yoritadi.

10Xudovanddan qo‘rqmoqlik pok va boqiydir,

Xudovandning bari hukmi haq va to‘g‘ridir.

11Oltindan, musaffo zardan ham ko‘ngilliroqdir,

Asaldan, mumli bol tomchisidan ham shirinroqdir.

12Mana, Sening quling ham ulardan ibrat olur,

Ularga rioya etgan kishi buyuk mukofot topur.

13Adashmaslikka kimning fahmi yetar?

Yashirin xatolardan meni poklagin!

14Qasdan qiladigan gunohlardan ham saqla bandangni,

Ular menga hokim bo‘lmasin!

Shunda men beayb bo‘lurman,

Og‘ir gunohdan ham xoli bo‘lurman.

15Ey Xudovand, og‘zimdan chiqadigan so‘zlar,

Qalbimdan kechadigan andishalar

Sening oldingda maqbul bo‘lsin,

Ey, mening suyanchim va Xaloskorim!

 

19–SANO

 

Podshoh uchun zafar duolari

 

IJROCHILAR RAHBARIGA. DOVUD SANOSI.

 

 

1-2Og‘ir kunda Xudovand seni eshitsin!

Yoqub Xudosining ismi qo‘rg‘oning bo‘lsin!

3Muqaddas makonidan senga yordam yuborsin!

Siondan senga madad yo‘llasin!

4Barcha xayr-ehsonlaringni qabul etsin!

Kuydirgan qurbonlaringni yodda tutsin!

SALOT

5Senga ko‘ngling tilaganicha bersin!

Butun armonlaringni ro‘yobga chiqarsin!

6Biz sening g‘alabalaringni kuylaymiz,

Xudoyimiz nomi ila tug‘larimizni ko‘taramiz.

Xudovand barcha murodlaringni bajo keltirgay!

7Endi aniq bildimki,

Xudovand tanlagan podshohini qutqarar,

O‘zining muzaffar qo‘lini uzatar,

Najot yuborib osmoni shariflaridan.

8Ba’zilar jang arobalari bilan maqtanar,

Boshqalar otu otliq bilan gerdayar.

Bizlar esa Rabbimiz nomi bilan,

Xudovand ismi bilan faxrlanamiz.

9Ular yiqilib tushdilar,

Bizlar esa ko‘tarilib tik turibmiz.

10Ey Xudovand, podshohga zafar bergin!

Seni chaqirgan kunimizda javob bergin!

 

20–SANO

 

Xudoga suyangan podshohning duosi

 

IJROCHILAR RAHBARIGA. DOVUD SANOSI.

 

 

1-2Ey Xudovand,

Sening qudrating ila podshoh sevinur,

Yuborgan najoting-la u behad masrur bo‘lur.

3Ko‘ngil armonini unga berding,

U neki tilasa, rad etmading.

SALOT

4Sen ne’matu barakatlar bilan uni kuzatding,

Boshiga sof oltindan toj kiygizding.

5Sendan u hayot so‘radi – unga berding,

Uzoq umr hamda baqo bag‘ishlading.

6Sen baxsh etgan najot tufayli uning dong‘i oshdi,

Sharaf-shon va dabdabalarga sazovor qilding uni.

7Ha, Sen uni abadiy muborak aylading,

O‘z huzuringdagi baxt-saodatga muyassar etding.

8Podshoh Xudovandga umid bog‘lagan,

Haq Taoloning inoyati ila u tebranmas.

9Sening o‘ng qo‘ling barcha yovlaringni topib oladi,

Senga g‘araz qiluvchilarni topib oladi qo‘ling.

10Ey Xudovand, Sen zuhur etdiging zamon,

Ularni qizigan tandirga aylantirasan.

Sen qahringni sochib barham berasan,

Olov kuydirib ado etadi ularni.

11Sen ularning naslini yer yuzidan supurib,

Zurriyotini bani-inson orasidan quritasan.

12Senga qarshi yomonlikni o‘ylaganlar

Qora niyatlariga erisha olmaslar.

13Sen o‘q-yoyingni shay qilib,

Yuzlariga qarab o‘q uzasan,

Toki maqsadlari puchga ketsin.

14Ey Xudovand, qudrating ila yuksalaver!

Biz Sening botirligingni kuylaymiz,

Senga hamdu sanolar o‘qiymiz.

 

21–SANO

 

Masihning jafolari haqida karomat*

 

IJROCHILAR RAHBARIGA. «TONGDA CHIQQAN KIYIK» KUYIGA. DOVUD SANOSI.

 

 

1-2Tangrim! Tangrim!

Nega meni tashlab qo‘yding?

Men nolayu fig‘on chekyapman,

Sen esa yiroqdasan, qutqarmayapsan.

3Ey Xudoyim,

Kunduzlari arz-dodimni qilyapman,

Ammo Sen quloq solmayapsan;

Kechalari ham menda tinim yo‘q.

4Biroq Sen – muqaddassan,

Isroilning sanolari uzra saltanatlisan.

5Ota-bobolarimiz Sendan umid qilardilar,

Umid qilardilar-u, Sen ularni xalos etarding.

6Senga faryod etardilar-u, qochib qutulardilar,

Senga ishonib, sharmanda bo‘lmasdilar.

7Lekin men – inson emas, qurtman,

Sharmandayi olamman, el aro yuzim qora.

8Meni ko‘rgan barcha mazax qiladi,

Burnini jiyirib, bosh irg‘atib deydilar:

9«Xudovandga e’tiqod qildi, U xalos etsin!

Xudovand undan rozi ekan, O‘zi qutqarsin!»

10Sensan-ku meni onam qornidan yorug‘ yuzaga chiqargan,

Volidam ko‘kragida tinch yotqizgansan meni.

11Mavludimdanoq Senga nazr qilinganman,

Onam qornidan chiqqanimdan buyon

Sen mening Tangrimsan.

12Endi mendan uzoqlashma,

Qayg‘u yaqin, madadkorim qolmadi.

13Bir gala buqalar meni qurshab oldi,

Zo‘r Bashan* buqalari menga yopirildi.

14Ov qo‘msab o‘kirayotgan arslon kabi

Ular menga og‘izlarini katta ochdi.

15Mening ichlarim sel bo‘lib oqyapti,

Butun suyaklarim bo‘g‘ini bo‘shashguday bo‘ldi,

Yuragim tanimda mum kabi erib bitdi.

16Darmonim sopol parchasidek qurib qaqshadi,

Tilim tanglayimga yopishib qoldi.

Sen meni o‘lim xokiga topshirding-ku!

17Mana, itlar meni qurshab oldi,

Yovuzlar to‘dasi meni o‘rab oldi,

Ular qo‘llarim va oyoqlarimga ham sanchdi.

18Suyaklarimni birma-bir sanay olaman,

Ular menga tikilib baqraymoqdalar.

19Kiyimlarimni o‘zaro bo‘lishib olib,

Libosim uchun qur’a tashladilar.

20Ey Xudovand, mendan uzoqlashma,

Sensan majolim mening, yordamga shoshil!

21Hayotimni dami tig‘dan saqlagin,

Itlar panjasidan qutqar jonimni!

22Sher komidan meni tortib chiqargin,

Yakkashox muguzlaridan asragin meni!

23Sening ismingni birodarlarimga e’lon etgayman,

Jamoat ichra Senga hamdu sanolar ayturman.

24Ey siz, Xudovanddan qo‘rqqanlar,

Unga hamdu sanolar o‘qinglar!

Uni siylanglar, ey Yoqubning barcha zurriyoti!

Tavof qilingiz, Isroilning jami avlodlari!

25U ezilganning dardini kamsitmadi,

Xor qilmadi, yuzini burmadi undan,

Uning faryodiga quloq soldi.

26Sengadir hamdu sanoyim ulug‘ jamoat ichra,

Nazr-niyozimni bajo keltirgum xudotarslar ichra.

27Bechorahollar bo‘lsa, ular yeb to‘yadilar,

Xudovandni qidiruvchilar Unga sanolar o‘qisin,

Dilingizga jon kirsin, to abad!

28Dunyoning to‘rt burchida yashovchi insonlar

Xudovandni yod etib, Unga qaytib kelajaklar,

Bor elu elatlar Xudovandga sajda qilajaklar.

29Xudovand – hokimi mutlaqdir,

El-xalq ustidan U hukmfarmodir.

30Bu dunyoda yeb-ichib to‘ygan,

O‘ziga to‘q bo‘lgan barcha Unga sajda qilajak.

O‘z hayotini saqlayolmay, go‘rga borgan barcha

Uning oldida tiz cho‘kajak.

31Hozirgi zurriyot Unga xizmat qilajak,

Keyingi naslga Rabbim haqida darak yetajak.

32Tug‘ilajak avlodga ham e’lon qilib,

Rabbimning ajoyibotini xabar qilajaklar.

 

22–SANO

 

Xudovand – Cho‘ponim

 

DOVUD SANOSI.

 

 

1Xudovand – Cho‘ponim mening,

Men muhtojlik ko‘rmayman aslo.

2U meni yam-yashil yaylovlarda yotqizar,

Orombaxsh suvlar bo‘ylab yetaklab borar.

3Jonimga U tetiklik kiritar,

O‘z nomi uchun meni to‘g‘ri yo‘lga boshlar.

4O‘lim vodiysi zulmatida yursam ham,

Dahshatlardan men qo‘rqmayman.

Chunki Sen menga hamrohdirsan,

O‘z hassangu xiviching menga tasalli berar.

5Yovning ko‘z o‘ngida menga dasturxon tuzagansan,

Xushbo‘y moy ila moylagansan boshimni,

Lim-lim to‘ldirgansan kosamni.

6Umrim bo‘yi xayru inoyat izimdan yurar,

Bor kunlarim Xudovandning uyida o‘tar.

 

23–SANO

 

Ulug‘vor Podshoh – Xudovand

 

DOVUD SANOSI.

 

 

1Xudovandnikidir butun dunyoyu

Uni to‘ldirgan borliq,

Yer yuziyu barcha unda yashovchilar.

2U dengizlar uzra yerni bunyod etgan,

Ummonlar uzra uni mahkam o‘rnatgan.

3Xudovandning tog‘iga kim chiqib boradi?

Uning muqaddas makonida kim tura oladi?

4Kimki qo‘li halol, ko‘ngli pok,

Yolg‘on-yashiq gapga ko‘ngil bog‘lamas,

Makkorona qasamyod qilmas ekan,

5U Xudovanddan barakat topar,

Xaloskor Xudosidan najot topar.

6Mana budir Xudovandni qidiruvchilar nasli;

Ey, Yoqubning Xudosi, ana shundaydir

Sening huzuringga intiluvchilar nasli!

SALOT

7Ey darvozalar, kengroq ochiling,

Balandroq ko‘tariling, mangu qopqalar;

Toki ulug‘vor Podshoh kirib kelsin.

8Kimdir bu ulug‘vor Podshoh?

Qudratli va muzaffar Xudovanddir,

Jangda zafar quchg‘usi Xudovanddir U.

9Ey darvozalar, kengroq ochiling,

Balandroq ko‘tariling, mangu qopqalar;

Toki ulug‘vor Podshoh kirib kelsin.

10Kimdir bu ulug‘vor Podshoh?

Mana, Xudovand, Sarvari koinot,

Udir ulug‘vor Podshoh!

SALOT

 

24–SANO

 

Yo‘l ko‘rsatish, kechirish uchun iltijo

 

DOVUD SANOSI.

 

 

1Senga, ey Xudovand, dilimni yo‘llayman.

2Senga tavakkal qilaman, ey Xudoyim!

Men sharmanda bo‘lmayin,

Dushmanlarim tantana qilmasin ustimdan!

3Senga umid bog‘lagan hech kim sharmanda bo‘lmas;

Sababsiz xoinlik qilganlar esa sharmandayu sharmisor bo‘lsin.

4Ey Xudovand, menga O‘z yo‘lingni ko‘rsatgin,

O‘z yo‘riqlaringni o‘rgatgin menga.

5Meni haqiqating yo‘lidan boshlab, o‘rgatgin,

Chunki Najotkor Xudoyim O‘zingsan,

Kundan-kun umidim Senda.

6Ey Xudovand, O‘z marhamatingni,

Azaliy inoyatlaringni eslab tur!

7Yoshlik chog‘ida qilgan gunohlarim

Va jinoyatlarimni esga solma.

O‘z rahmingu muruvvatingni yodlab,

Menga rahm aylagin, ey Xudovand!

8Xudovand muruvvatli va adolatlidir,

U gunohkorlarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatur.

9Bo‘ysunganlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlar,

Beozorlarga O‘zi rahnamo bo‘lar.

10O‘zining ahdu nizomin tutganlar uchun

Xudovandning barcha yo‘llari inoyat va haqiqatdir.

11Ey Xudovand,

O‘z noming xotiri uchun gunohimdan o‘tgil,

Chunki ko‘pdir mening gunohim.

12Xudovanddan qo‘rqqan odam kim?

Tanlaydigan yo‘lini unga O‘zi ko‘rsatar.

13Jon-tani farog‘atga erishar,

Zurriyoti esa yerga ega bo‘lar.

14Xudovand O‘z sirini xudotarslarga ochar,

Undan qo‘rqqanlarga ilohiy ahd nasib etar.

15Ko‘zlarim doim Xudovanddadir,

Oyog‘imni O‘zi to‘rdan tortib olar.

16Menga nazar solib, mehribonlik qilgin,

Chunki men yolg‘iz va tushkunman.

17Yuragimda dard to‘lib-toshgan,

Balolarimdan meni qutqargin!

18Tushkunligim va ezilganligimni ko‘rgil,

Barcha gunohlarimdan kechgil!

19Dushmanlarimni ko‘rgin, qanchalik ko‘paygan ular!

Ashaddiy nafrat sochib menga qasd qilmoqdalar.

20Jonimni O‘zing saqla, xalos qilgin meni!

Sendan panoh topdim deb sharmanda bo‘lmayin.

21Soflik va to‘g‘rilik saqlasin meni,

Chunki Senga umid bog‘laganman.

22Ey Xudo,

Isroilni barcha dardlaridan qutqargin!

 

25–SANO

 

Pokdil odamning tilagi

 

DOVUD SANOSI.

 

 

1Ey Xudovand, yuzimni yorug‘ qilgin,

Chunki men pokdil bo‘lib yurdim;

Xudovandga tayanib ikkilanmadim.

2Ey Xudovand,

Meni imtihon qil, sinab ko‘rgin,

Ko‘nglim va yuragimni sinovdan o‘tkazgin!

3Sening inoyating ko‘zim oldidadir,

Men Sening haqiqating ila yurdim.

4Yolg‘onchi odamlar aro o‘tirmasman,

Yurmasman ham hiylagarlar birlan.

5Badkirdorlar jamiyatidan nafratlanaman,

Betavfiqlarga bo‘lmasman hamsuhbat.

6Halol qo‘llarimni chaydim, ey Xudovand,

Sening qurbongohingni aylanib chiqaman.

7Senga shukronalar aytaman,

Mo‘jizalaringni bir-bir hikoya etib.

8Ey Xudovand, Sening maskaningni,

Jaloling o‘rin olgan makonni sevaman.

9Jonimni gunohkorlar joni bilan,

Tanimni qonxo‘rlar tani bilan bir sanab, barham bermagin!

10Ularning-ku so‘l qo‘li fojirlik,

O‘ng qo‘li poraga to‘lib-toshgan.

11Men bo‘lsam, pokdil bo‘lib yuraman;

Xalos qilgin meni, ayamagil mehring!

12Tekis maydonda turibdi oyog‘im mening,

Yig‘inlarda Xudovandni olqishlagayman.

 

26–SANO

 

Nurim va najotkorim – Xudovand

 

DOVUD SANOSI.

 

 

1Nurim va najotkorim Xudovanddir,

Kimdan men qo‘rqaman?

Hayotim qo‘rg‘oni Xudovanddir,

Kimdan xavotirlanaman?

2Yovuzlar etimni g‘ajimoq-chun hujum qilganda,

O‘zlari qoqilib qulaydi, o‘sha ashaddiy yovlarim.

3Yuragimga dahshat tushmaydi, garchi

Qarshimga jangga tizilsalar ham.

Hatto hamla qilsalar ham,

Komildir mening ishonchim.

4Xudovanddan bir tilagim bor,

Faqat o‘shani izlayman:

Xudovand uyida umrbod turayin,

Xudovand jamolini tamosho qilayin,

Uning ma’badini ziyorat qilib.

5Og‘ir kunda U meni himoyasiga olar,

O‘z makoni soyasida meni yashirar,

Qoya ustiga meni yuksaltirib qo‘yar.

6Endi men bosh ko‘tarib yuraman,

Qurshab olgan yovlar ustidan g‘alaba qilaman.

Xudovand makoniga tantana ila kirib,

Xursandlik ila qurbonlik keltiraman.

Xudovandni kuylab vasf qilaman.

7Ey Xudovand,

Chaqirgan paytim ovozimni eshitgin,

Mehribonlik qilib, menga javob bergin!

8«Huzurimni qidiring» degan so‘zingni

Men dilimga tugib qo‘ydim.

Sening huzuringni qidiraman, ey Xudovand!

9Mendan yuz o‘girmagin,

G‘azab ila siltab tashlama qulingni!

Sen mening panohim bo‘lgansan-ku,

Mendan voz kechma, tashlab ketma,

Ey, mening najotkorim Xudovand!

10Ota-onam meni tashlab ketsa-da,

Xudovand meni qabul qilar.

11Ey Xudovand,

O‘z yo‘l-yo‘rig‘ingni menga o‘rgatgin,

Yovlarim sababli meni to‘g‘ri yo‘lga boshla!

12Ag‘yorim ixtiyoriga topshirmagin meni!

Mana, yolg‘onchi shohidlar,

Qahr-zo‘g‘im sochib turgan zo‘ravonlar

Menga qarshi hujum boshladi!

13Menga qolsa, ishonchim komilki,

Men tiriklar diyorida qolaman,

Xudovandning barakatlarini ko‘raman.

14Xudovandga umid bog‘la!

Baquvvat bo‘l, dadil bo‘l,

Xudovandga umid bog‘la!

 

27–SANO

 

Ilohiy mehribonlik uchun shukrona

 

DOVUD SANOSI.

 

 

1Ey Xudovand, mening suyangan qoyam!

Seni chaqiraman, meni eshitmay qolmagin!

Sen menga javob bermasang gar,

Yer bag‘riga tushganlarga o‘xshab qolarman.

2Men Senga yolvorib fig‘on qilsam,

Muqaddas makoning tomon qo‘llarim cho‘zsam,

Munojotimga quloq solgin!

3O‘z qo‘shnilari bilan do‘stona gapirib,

Dilida esa qora niyat saqlayotgan betavfiq,

Yomon odamlar birla meni qirib tashlama!

4Sen ularning qilmishiga yarasha,

Kirdikorlari yomonligiga yarasha,

Qo‘llari bulg‘angan qabihliklariga yarasha jazo ber!

5Ular-ku Xudovandning faoliyatiga,

Uning bajargan ajoyib ishlariga beparvo qaraydi.

Xudovand ularni xonavayron qiladiyu,

Tag‘in hech barpo etmas.

6Xudovand hamdu sanoga munosibdir,

U mening tavallolarimni eshitdi.

7Xudovand mening qudratim va qalqonimdir.

Men chin yurakdan Unga umid bog‘ladim,

U menga yordam berganda, dilim quvonchga to‘ldi;

Qo‘shig‘im bilan Unga shukrlar deyman.

8Xudovand O‘z xalqining qudratidir,

Tanlagan podshohiga najotkoru qo‘rg‘ondir.

9O‘z xalqingga O‘zing najot bergin,

O‘z mulkingni muborak aylagin!

Ularni abadiy yuksaltirib borgin!

 

28–SANO

 

To‘fondagi Xudovandning ovozi

 

DOVUD SANOSI.

 

 

1Ey Tangri o‘g‘illari*, Xudovandga tan bering!

Xudovandning shavkati va qudratiga tan bering!

2Xudovandning ismi sharafiga tan bering!

Muqaddas ko‘rkda Xudovandga sajda qiling!

3Xudovandning ovozi suvlar uzradir,

Ulug‘vor Tangri gulduros tovush chiqarur,

Azim suvlar ustidadir Xudovand.

4Xudovandning ovozi kuchlidir,

Xudovandning ovozi mahobatlidir.

5Xudovandning ovozi kedr daraxtini qulatar,

Lubnon kedrlarini yorib tashlar Xudovand.

6U ularni buzoqdayin o‘ynatar,

Lubnon va Sirio‘n* tog‘ini buqadek choptirar.

7Xudovandning ovozi o‘t alangasini yorib yuborar.

8Xudovandning ovozi cho‘lni titratar,

Qadesh cho‘lini larzaga solar Xudovand.

9Xudovandning ovozi bug‘ularni tug‘dirar,

O‘rmonlarni yalang‘ochlab yuborar.

Ma’badida esa hammasi Uning ulug‘vorligini kuylar.

10To‘fon bo‘lganda Xudovand taxtida o‘tirar edi,

Xudovand mangu Podshoh bo‘lib taxtiga o‘tirgan.

11Xudovand O‘z xalqiga kuch-qudrat ato etar,

Xudovand O‘z xalqiga barakayu osoyish baxsh etar.

 

29–SANO

 

O‘limdan qutulganning shukronasi

 

DOVUDNING UYMUBORAK MADHIYASI.

 

 

1-2Seni ulug‘layman, ey Xudovand,

Sen meni chuqurlikdan chiqarib olding,

Yovlarimning tantana qilishiga yo‘l qo‘ymading.

3Ey Xudoyim, Senga faryod qildim,

Ey Xudovandim, menga shifo berding.

4Jonimni o‘liklar diyoridan qaytarding, yo Rab,

Qabrga kirmasligim uchun menga hayot bag‘ishlading.

5Xudovandni tarannum eting, ey, Uning muxlislari!

Uning muqaddasligi sharafiga shukrlar qiling!

6Chunki Uning g‘azabi – bir lahzalik,

Lutfu karami esa umrboddir.

Oqshomda yig‘i hukm sursa,

Saharda shodiyona kelur.

7Men esam o‘zimga amin bo‘lib,

To abad tebranmasman, degan edim.

8Ey Xudovand, muruvvat etgan chog‘ingda

Meni qudratli toqqa aylantirding;

Biroq mendan yuz o‘girganingda,

Men sarosimaga tushdim.

9Senga, ey Xudovand, iltijo qildim,

Men o‘z Rabbimga yalinib-yolvordim:

10Men o‘lib go‘rga kirsam,

Hayotimdan ne foyda?

Tuproq Senga shukrona aytarmikan,

Haqiqatingni yuqori ko‘tararmikan?

11Quloq bergin, ey Xudovand,

Menga mehribonlik qilgin!

Yo Rab, O‘zing menga madadkor bo‘lgin!

12Sen motamimni raqsga aylantirding,

Qora kiyimimdan forig‘ qilding,

Baxt-sevinch libosini kiygizding.

13Yo Xudoyo Xudovando!

Senga tinimsiz sanolar o‘qisa arziydi,

Men Senga abadiy shukrlar aytaman.

 

30–SANO

 

Xudo – yagona panogoh

 

IJROCHILAR RAHBARIGA. DOVUD SANOSI.

 

 

1-2Ey Xudovand,

Seni panohim deb bilaman,

Abadiy sharmanda bo‘lmayin!

O‘z adolating haqi meni qutqargin!

3Menga quloq sol, tezroq xalos qilgin!

Men uchun suyanadigan tog‘,

Najot topadigan qal’a bo‘lgin!

4Mening qoyam va qo‘rg‘onim Sen ekansan,

O‘z isming sha’ni uchun meni yetaklab,

Menga rahnamo bo‘lgil!

5Men uchun yashirishgan to‘rdan chiqarib qo‘y,

Chunon Seni panohim deb bildim.

6Ruhim Sening qo‘lingda omonatdir.

Sen menga erkinlik berasan,

Ey Xudovand, ey Haq Taolo!

7Bema’ni butga sig‘inuvchilardan nafratlanib,

Men faqat Xudovandga umid bog‘layman.

8Sening inoyating uchun men shod-xurramman,

Sen bechorahol bo‘lganimni ko‘rding,

Jonim azob-uqubatda qolganini bilding.

9Dushman qo‘liga meni topshirmading,

Oyoqlarimni keng yerlarga qo‘yding.

10Ey Xudovand, menga rahm-shafqat ko‘rsat,

Yuragimga qil sig‘may bo‘lib qoldi.

Qayg‘udan ko‘zim xiralashdi,

Botinim, jon-tanim ado bo‘ldi.

11Mana, hayotim g‘am-g‘ussada,

Umrim oh-zor bilan o‘tib ketdi.

Gunohlarim uchun iligim qurib, suyaklarim qaqshadi.

12Barcha raqiblarim nazarida uyatga qoldim,

Qo‘ni-qo‘shni va tanishlarimga olabo‘ji bo‘ldim.

Ko‘chada ko‘rgan barcha mendan qochyaptilar.

13O‘lik kabi esdan chiqarildim, unutildim,

Parchalangan sopolga o‘xshab qoldim.

14Ko‘plarning haqoratini eshityapman,

Mana, hamma yoqda vahimalar!

Menga qarshi til biriktiryaptilar,

Jonimni olmoq-chun suiqasd qilmoqdalar.

15Men-chi Senga e’tiqod qilaman, ey Xudovand,

Sensan mening Xudoyim, deyman.

16Har bir kunim Sening qo‘lingdadir.

Dushmanlarim va ezuvchilarim qo‘lidan

Meni xalos qilgin!

17Munavvar yuzingni qulingdan darig‘ tutma,

Inoyating bilan meni xalos etgin!

18Ey Xudovand,

Senga tavakkal qildim deb uyatga qolmayin.

Betavfiqlar esa sharmanda-sharmisor bo‘lsin,

O‘liklar diyoriga tushib jimjit bo‘lib qolsin.

19Yolg‘onchilar tili lol bo‘lsin!

Ular uyalmasdan solihni haqorat qilib,

Katta gapirib gerdayib yuribdilar.

20Sen O‘zingdan qo‘rqqanlar uchun yashirgan,

El ko‘zida Seni panoh bilganlar uchun yaratgan

Ehsonlar xazinasi qanchalik ajoyibdir!

21O‘z huzuringda panoh topganlarni

Sen inson fitnasidan saqlarsan,

O‘z soyangda yashirarsan yolg‘on chaqiqlardan.

22Xudovandga shon-sharaflar bo‘lsin!

U mustahkam shaharda menga ajoyib inoyatini ko‘rsatdi.

23Ko‘zingdan judo bo‘ldim, dedim men esankirab.

Illo Senga faryod qilib o‘tinganimda,

Sen munojotimga quloq berding.

24Xudovandni sevingiz, Uning barcha azizlari!

Xudovand sodiqlarni O‘z panohida asraydi,

Takabburlardan esa darig‘ tutmaydi tegishli chorasini.

25Ey, barcha Xudovandga tavakkal qiluvchilar,

Baquvvat va dadil bo‘lingiz!

 

31–SANO

 

Gunohi o‘tilganning baxtiyorligi

 

DOVUD QASIDASI.

 

 

1Qanday baxtli gunohi o‘tilgan,

Qonunsiz ishlari afv bo‘lgan odam!

2Qanday saodatli unday kishi-kim,

Xudovand inobatga olmas aybin,

Ko‘nglida esa biron makr yo‘q.

3Men gunohimni sir saqlaganim sayin,

Suyaklarimgacha hurkirab, nolib o‘tirdim.

4Kechayu kunduz Sening qo‘ling ustimda og‘irlashdi,

Yozning saratonidagi mevadek qurib qoldim,

Tinka-madorim butunlay ado bo‘ldi.

SALOT

5Sening oldingda gunohimga iqror bo‘ldim,

Yashirmadim hech bir aybimni.

Yoziqlarimni bo‘ynimga olaman,

– dedim Senga, ey Xudovand.

Sen esa gunohu aybimni kechirding.

SALOT

6Shul sababdan har bir xudojo‘y

Ijobat chog‘ida Senga sig‘insin,

Toki azim suvlar toshqini unga yetmasin.

7Sensan mening panogohim,

Tangligimdan O‘zing xalos etarsan,

Ozodlik kuylari-la meni ko‘mib tashlarsan.

SALOT

8«Men senga aql o‘rgatarman,

Yurar yo‘lingni ko‘rsatarman.

Ko‘zim sening ustingda bo‘lib,

Senga rahnamolik qilarman.

9Ongsiz ot yoki xachir kabi bo‘lmanglar!

Ularni tutib yurish uchun yugan va suvluq taqmasang,

Ular senga sira bo‘ysunmas».

10Fosiqning dardlari ko‘p bo‘lur.

Vale Xudovandga umid bog‘laganga

Ilohiy lutf-karam doim yor bo‘lur.

11Xudovanddan quvoning, ey solihlar,

Xurram bo‘ling, tarannum eting,

Ey barcha ko‘ngli to‘g‘rilar!

 

32–SANO

 

Yaratgan, Asraganga hamdu sanolar

 

1Ey solihlar, Xudovandni kuylangiz!

Dili to‘g‘rilarga hamdu sano yarashar.

2G‘ijjak chalib, Xudovandga shukr qiling,

O‘n torli chang bilan Uni tarannum eting!

3Unga yangi bir qo‘shiq kuylang,

Go‘zal ohang chalib, xitob qiling!

4Zero Xudovandning kalomi – haqiqatdir,

Uning barcha ishlari vafodorligidan dalolatdir.

5Solihlik va adolatni Xudovand sevar,

Uning inoyati ila dunyo to‘lgandir.

6Ko‘k Xudovand kalomi bilan bunyod bo‘lgan,

Barcha osmon lashkari* Uning amri ila yaralgan.

7Dengiz suvlarini uyumday uyib qo‘ygan,

Ummonni O‘z omboriga joylab saqlagan.

8Xudovanddan butun yer yuzi qo‘rqsin,

Barcha ahli jahon Undan qaltirasin.

9Zero U so‘zladi, xuddi aytganiday bo‘ldi;

U amr berdi, amri vojib bo‘ldi.

10Xudovand majusiylar niyatini buzadi,

Xalqlar murod-maqsadini puchga chiqaradi.

11Xudovandning niyati esa boqiy turadi,

Nasldan-naslga joriy bo‘ladi Uning dil murodi.

12Xudovandni Tangrimiz deb bilgan xalq baxtli!

Xudovand O‘z mulkim deb saylagan el iqbolli!

13Xudovand osmondan boqar,

Barcha inson o‘g‘illarin ko‘rib turar.

14Taxti makonidan kuzatib turib,

Butun jahonni tekshirib ko‘rar.

15U jami insonning yuragini yaratgan,

Inson qilmishlariga ham anglab yetar.

16Askarlari ko‘pligi bilan podshoh qutulmas,

Quvvati ko‘pligi uchun jangchi zafar topmas.

17Ot jangchining boshini omon saqlayolishi yolg‘ondir,

Katta kuchi bilan ham uni qutqara bilmas.

18Mana, Xudovandning ko‘zi Undan qo‘rqqanlarda,

Uning inoyatiga umid qilganlardadir.

19U ularning jonini o‘limdan qutqazar,

Ochlik paytida ularning diliga quvvat kiritar.

20Jonimiz Xudovandga muntazir,

Yordamchimiz, qalqonimiz O‘zidir.

21Qalbimiz U bilan shod bo‘lur,

Uning muqaddas nomi bizning tayanchimizdir.

22Ey Xudovand, biz Senga umid bog‘laganmiz,

Yana inoyating bizga yor bo‘lsin!

 

33–SANO

 

Parvardigori olam mo‘minlarni asraydi

 

ABUMALIK OLDIDA O‘ZINI AQLSIZLIKKA SOLIB, UNING HUZURIDAN QUVILIB QOCHGAN PAYTDA DOVUDNING AYTGAN QO‘SHIG‘I.

 

 

1-2Har lahzada Xudovandni olqishlayman,

Uning sanosi tushmas hech tilimdan.

3Jonim Xudovand bilan faxrlanur,

Beozorlar buni eshitib sevinur.

4Men bilan birga Xudovandni ulug‘lang,

Keling, birga Uning ismini sharaflaylik!

5Xudovandga murojaat qilganimda,

U menga quloq soldi-yu,

Barcha dahshatlarimdan qutqardi.

6Unga boqqanlar ziyo oldilar,

Ularning aslo yuzi shuvut bo‘lmas.

7Bu faqir chaqirganda, Xudovand eshitdi,

Barcha dardlaridan uni xalos qildi.

8Xudovandning farishtasi mo‘minlar atrofida qarorgoh qurgan,

Undan qo‘rqqanlarni O‘zi xalos etar.

9Xudovanddan lazzat olib ko‘ring-chi,

U qanchalik muruvvatli ekan!

Baxtli Undan panoh topgan odam!

10Xudovanddan qo‘rqing, ey Uning azizlari!

Undan qo‘rqqan kishi muhtojlik ko‘rmas.

11Arslonlar och va muhtoj bo‘lur,

Xudojo‘ylar rizq-nasibasi esa but bo‘lur.

12Ey o‘g‘illarim, keling, meni tinglang!

Xudovanddan qo‘rqishni sizlarga o‘rgatay.

13Hayot yaxshi, umrim uzoq bo‘lsin,

Yaxshi kunlar ko‘ray, degan odam kim?

14U tilini yomon so‘zdan tiysin,

Og‘zini egri gapdan saqlasin.

15Yomonlikdan qochib yaxshilik qilgin,

Tinchlikni qidirib uning payidan bo‘lgin.

16Xudovandning ko‘zlari solihlardadir,

Solihlar fig‘oniga U quloq solar.

17Badkirdorlardan esa U yuz o‘girar,

Yer yuzidan yo‘q qilar ularning xotirasin.

18Solihlar faryod etgach, Xudovand eshitar,

Barcha dardlaridan ularni xalos etar.

19Xudovand dili vayronlarga yaqindir,

Ruhi tushkunlarni O‘zi qutqarar.

20Solihning dardlari ko‘p bo‘lar,

Biroq Xudovand uni barchasidan xalos etar.

21Suyaklarining hech biri sinmasin deya,

Ularning barchasini o‘z o‘rnida tutar.

22Yovuz odam yovuzlarcha o‘lib ketar,

Solihga dushmanlik qiluvchilar aybdor bo‘lar.

23Qullarining jon to‘lovini Xudovand berar,

Undan panoh so‘ragan hech kim aybdor bo‘lmas.

 

34–SANO

 

Xudojo‘ylar o‘chini Xudo oladi

 

DOVUD SANOSI.

 

 

1Ey Xudovand,

Men bilan talashayotganlar bilan O‘zing talashgin!

Men bilan jang qilayotganlar-la O‘zing jang qilgin!

2Sovut va qalqonni olib, menga yordamga kelgin!

3Nayzangni yalang‘ochlab chiqqin,

Meni quvayotganlarning yo‘lini to‘sgin!

Jonimga: «Sening najoting Menman!» – degin.

4Jonimga qasd qilganlar sharmandayu sharmisor bo‘lsin,

Menga yomonlikni o‘ylayotganlar orqaga qaytsin,

Yuzlari shuvut bo‘lsin.

5Shamolda uchib ketgan to‘zon kabi,

Xudovandning farishtasi ularni supurib tashlasin.

6Ularning yo‘li qorong‘i va toyg‘anchoq bo‘lsin,

Xudovandning farishtasi ularni haydab yuborsin.

7Ular-ku men uchun sababsiz dom tayyorlashdi,

Sababsiz jonimga qasd qilib, choh qazishdi.

8Tasodifan ularning boshiga halokat tushsin,

Yashirgan to‘rlariga o‘zlari tushib mahv bo‘lsin!

9Mening jonim Xudovanddan masrur bo‘lur,

U bergan najotdan ko‘nglim quvonur.

10Hatto suyaklarim ham tilga kirur:

Ey Xudovand, ezilganni quvvatlidan,

Bechora-faqirni talonchidan qutqaruvchi

Sendan bo‘lak kim ham bor ekan?

11Qora niyatli shohidlar bosh ko‘tarib,

Bilmaydiganlarim haqida so‘roq qiladilar.

12Yaxshilik evaziga yomonlik ko‘rsatib,

Jonimni hijronda qoldirmoqdalar.

13Men bo‘lsam, ular og‘riganda jon kuydirar,

Juldurga burkanib ro‘za tutar edim,

Ammo mening duom o‘z bag‘rimga qaytar edi.

14Xuddi u mening do‘stim,

Qardoshim bo‘lganday munosabatda bo‘lar edim,

Onasi uchun aza tutgandek mungli yurar,

G‘am-g‘ussa bilan yig‘lar edim.

15Lek men qoqilganimda ular sevinib to‘plandi,

Urushqoq odamlar boshimga to‘planib,

To‘xtovsiz menga azob berishar edi,

Negadir – men bilmayman.

16Yuzlarini burishtirib uyalmay masxara qilar,

Menga tishlarini qayrar edilar.

17Yo Rabbiy, qachongacha qarab turasan?

Jonimga ular berayotgan uqubatdan qutqar,

Hayotimni shu yirtqichlardan xalos qil!

18Ulug‘ jamoat ichra Senga shukrlar deyman,

Behisob el aro Senga hamd – sanolar aytaman.

19Nohaq menga xusumat etganlar tantana qilmasin,

Sababsiz nafrat etganlar bir-biriga ko‘z o‘ynatmasin.

20Ular tinchlikni og‘ziga ham olmaydilar,

Mamlakatda tinch yashayotganlarga qarshi fitna uyushtiradilar.

21Menga og‘izlarini katta ochib:

«Eha, ehe, ko‘zimiz bilan ko‘rdik!» – deyaptilar.

22Ey Xudovand, Sen buni ko‘rding-ku,

Indamay o‘tirmagin!

Yo Rabbiy, mendan uzoqlashib ketma!

23Harakatga kel, g‘ayratga kel,

Mening da’vomni inobatga olgin,

Yuzimni yorug‘ qilgin, yo Rabbim, yo Xudoyim!

24Ey mening Rabbim va Tangrim,

Menga adolatli hukm chiqargin,

Ular ustimdan tantana qilmasin!

25«Eha, tilagimiz bajo bo‘ldi!» – deb

Ko‘ngillaridan kechirmasinlar,

«Uni yutib yubordik!» – demasinlar.

26Baxtsizligimdan sevinganlar bari uyalsin,

Ularning yuzi qora bo‘lsin!

Menga qarshi bosh ko‘targanlar qora kiysin,

Sharmandayu sharmisor bo‘lishsin!

27Meni oqlovchilar esa sevinib tarannum etsin,

Ular doimo: «Xudovand yuksalaversin!

U O‘z quliga xotirjamlik tilagan», – desinlar.

28Men esa Sening adolatingni tildan qo‘ymay,

Kun bo‘yi Seni maqtab hikoya qilarman.

 

35–SANO

 

Xudovandning cheksiz inoyati

 

IJROCHILAR RAHBARIGA. XUDOVAND QULI DOVUDNING SANOSI.

 

 

1-2Qonunsizning fisq-fasodi dilimga g‘ulu soladi,

Uning ko‘z o‘ngida Xudodan qo‘rqish degan narsa yo‘q.

3U maqtanib yurib, o‘zini o‘zi aldaydi,

Yomonligi fosh bo‘lganda esa nadomat qilmaydi.

4Og‘zidan chiqqan so‘zlar egriligu makkorlikdir,

Fahm-farosatdan, xayrli ishdan u bosh tortgan.

5Yotganida ham yovuzlikni xayol qilib,

Fisq-fasod so‘qmog‘iga qadam tashlab,

Nopok niyatidan yuz o‘girmaydi.

6Ey Xudovand,

Sening inoyating ko‘klargacha,

Sodiqliging bulutlarga qadardir.

7Adolating Tangri tog‘lariday yuksakdir,

Hukmlaring esa – tubsiz ummon.

Insonu hayvonni O‘zing qutqarasan, ey Xudovand!

8Yo Xudo, inoyating qanchalik bebaho!

Qanotlaring soyasida odam o‘g‘illari osoyish topar.

9Ular uying noz-ne’matlaridan to‘yadilar,

Lazzat daryolaringdan qondirarsan ularni.

10Zotan, hayot manbayi Sendadir,

Sening nuringdan biz ziyo olamiz.

11Seni bilganlardan inoyatingni ayamagil,

Rahmatingni darig‘ tutma yuragi soflardan!

12Takabburning oyog‘i menga yetmasin,

Fosiqning qo‘li meni ovora qilmasin.

13Mana, badkirdorlar bexosdan ag‘darilib, yiqilib tushdi,

Ular tag‘in qad ko‘tara bilmas.

 

36–SANO

 

Solihga barakat, fosiqqa halokat

 

DOVUD SANOSI.

 

 

1Yomon odamlarga g‘ashlik qilma,

Badkirdorlarga havas qilma!

2Chunki ular o‘t kabi tezda qurib,

Yashil sabzaday so‘lib ketadilar.

3Xudovandga umidvor bo‘lib yaxshilik qilgin,

Yer yuzida yashab, e’tiqodni saqlagin.

4Xudovanddan lazzat olgin,

U seni ko‘ngil armonlaringga yetkazadi.

5Yo‘llaringni Xudovandga topshir,

Undan umid qil, U bajo keltiradi.

6U sening haqligingni nurday porlatar,

Kun yorug‘ligiday yorug‘ qilar yuzingni.

7Xudovand huzurida tinch tur,

Unga umidvoru muntazir bo‘lgil.

Yo‘li ochilgan firibgarga g‘ashlik qilma.

8Qahrdan chekinib, g‘azabdan o‘zingni tutgil,

Hayajonlanib yovuzlik qilishga moyil bo‘lma.

9Yomonlik qiluvchilar bari qirib tashlanur,

Xudovandga umidvorlar esa yer yuziga ega bo‘lur.

10Yana birozdan keyin fosiq yo‘q bo‘lur,

Uning joyini ko‘rasan-u,

Ammo o‘zi yo‘qolib ketgan bo‘lur.

11Beozorlar esa yer yuziga ega bo‘lajak,

Ular tinch-osoyishtalikda huzur qilajak.

12Fosiq solihga yomonlik tilab,

Unga qarshi tishlarini qayraydi.

13Fosiqning kuni bitay deb turibdi-ku,

Egam buni ko‘rib, unga mazax qiladi.

14Bechora va faqirni yerga urmoq,

To‘g‘ri yo‘ldan yuruvchilarni bo‘g‘izlamoq-chun

Fosiqlar qilich charxlab, yoylarini tortadilar.

15Ularning tig‘i qaytib, o‘z yuragiga sanchilgay,

Yoylari esa sinib chilparchin bo‘lgay.

16Solihning qo‘lidagi oz narsasi

Barcha fosiqlar mo‘lchiligidan afzaldir.

17Fosiqning-ku qo‘llari sinib ketgusi,

Solihlarga esa Xudovand madad bergusi.

18Xudovand sofdillar kunlarini belgilab,

Ularning nasibasini mangulikka beradi.

19Ofat zamonida ham ular sharmanda bo‘lmas,

Qahatchilik kunlarida ham yeb to‘yadilar.

20Ammo fosiqlar esa-chi, halok bo‘lajaklar,

Xudovand dushmanlari qo‘ylar podasidek to‘zib ketajak,

Tutunga aylanib yo‘qolib ketajaklar.

21Fosiq qarz olib uni to‘lamaydi,

Solih esa muruvvatu saxovat ko‘rsatadi.

22Xudovand olqaganlar yer yuzini egallab olur,

U qarg‘aganlar esa barham topurlar.

23Kishi qadamlarini Xudovand to‘g‘rilar,

U rozi bo‘lgan kishining yo‘lini ochar.

24U kishi munkiganda ham yuz tuban yiqilmas,

Chunki uning qo‘lidan Xudovand ushlab turar.

25Men yosh ham edim, qarib ham qoldim,

Ammo solihning tashlab ketilganini,

Yoki uning zurriyoti nonga zor bo‘lganini ko‘rmadim.

26Kundan-kun u muruvvat ko‘rsatib,

Mardumga qarz berar,

Zurriyoti esa muborak bo‘lar.

27Yomonlikdan bosh tortib, yaxshilik qilgin,

Shunda mangu yashaysan.

28Chunki Xudovand adolatni sevar,

O‘z azizlarini tashlab ketmas.

Ular abadiy saqlanar,

Fosiqlar tomiri esa qurib qolar.

29Solihlar yer yuziga ega bo‘lib,

Unda mangu yashaydilar.

30Solihning irni hikmatni so‘zlar,

Tili esa to‘g‘rilikni bayon etar.

31Xudosi Qonuni diliga bo‘lgan jo,

Adashmas uning qadami aslo.

32Fosiq kishilar solihni kuzatib,

Uni o‘ldirmoq uchun poylaydilar.

33Xudovand ular qo‘liga solihni topshirmas,

Hukm paytida uni ayblashga yo‘l qo‘ymas.

34Xudovandga ko‘z tutib, U ko‘rsatgan yo‘lda yur,

Yer yuziga ega bo‘lishing uchun seni U yuksaltirur.

Fosiqlar nobud bo‘lganda sen buni ko‘rursan.

35Yovuz va zolim bir odamning ildiz otib,

Yashil daraxt kabi unib yashnaganini ko‘rdim.

36Biroq u o‘tdi, bitdi, yo‘q bo‘ldi,

Uni qidirsam ham, topa olmadim.

37Sofdilga nigoh tashla, to‘g‘ri odamni kuzat!

Bunday kishining istiqboli osoyishtalikdir.

38Ammo qonunsizlar bari nobud bo‘lur,

Fosiqlar nasli oqibatda qirib tashlanur.

39Solihlar omonligi Xudovanddan kelur,

Kulfat chog‘ida O‘zi ularga qal’a bo‘lur.

40Xudovand ularga madadu najot yuborur,

Fosiqlar qo‘lidan ularni xalos etur,

Mendan panoh so‘radi, deb ularni qutqarur.

 

37–SANO

 

Og‘ir xastaning nolasi

 

DOVUDNING ESDALIGI.

 

 

1-2Ey Xudovand,

G‘azabing ila ta’zirimni berma,

Qahring kelib menga jazo berma!

3Sening o‘qlaring menga sanchildi,

Qo‘ling ustimga og‘ir bosib tushdi.

4G‘azabingdan badanimda sog‘ joy qolmadi,

Gunohim tufayli ustuxonimda rohat yo‘q.

5Mening yomonliklarim boshimdan oshdi,

Og‘ir yuk kabi ustimga bosdi,

Endi ko‘tara olmayman.

6O‘zimning aqlsizligim tufayli

Yaralarim yiringlab sasimoqda.

7G‘oyat bukchayib, cho‘kib qoldim,

Kun bo‘yi g‘amgin yuraman.

8Ha, belim o‘tday yonmoqda,

Badanimda sog‘ joy qolmadi.

9Majolim qolmadi, g‘oyat ezildim,

Yuragim alamidan dodlab yuraman.

10Yo Rabbiy!

Butun tilagim Senga ravshandir,

Nolayu fig‘onim Sendan pinhon emas.

11Yuragim bezovta, quvvatim ado bo‘ldi,

Ko‘zlarim nuridan ham mahrum bo‘ldim.

12Meni sevadigan do‘stlaru mahbublarim

Jarohatimdan jirkanib uzoqlashib ketdi,

Xesh-aqrabo uzoqdan ko‘z olaytirmoqdalar.

13Jonimga qasd qilganlar tuzoq qo‘ymoqda,

Yovuzlik payidan bo‘lganlar menga balo-qazodan so‘zlab,

Kun bo‘yi hiylayu nayrang to‘qimoqdalar.

14Men esa eshitmaydigan kar kabiman,

Og‘zini ocha olmaydigan soqovga o‘xshayman.

15Ha, og‘zidan gap chiqmaydigan,

Eshitmaydigan odam bo‘lib qoldim.

16Ey Xudovand, umidim Sendandir,

Yo Rabbim, ey Tangrim, Sen tinglaysan-ku!

17Dushmanlarim tantana qilmasin, deyman,

Oyog‘im qoqilsa, dimog‘i ko‘tarilmasin.

18Mana, men yiqilish arafasidaman,

G‘am-alam menga doim hamroh.

19Men gunohimni bo‘ynimga oldim,

O‘z aybim uchun qayg‘urmoqdaman.

20Lekin dushmanlarim bardam va kuchlidir,

Mendan nohaq nafratlanganlar ko‘payib ketgan.

21Yaxshilikka javoban menga yomonlik qiladilar,

Ezgu niyatim evaziga adovat saqlaydilar.

22Ey Xudovand, meni tashlab qo‘ymagin,

Ey Xudoyim, mendan uzoqlashmagin!

23Menga madad bermoq uchun shoshilgin,

Yo Rabbiy, ey mening Xaloskorim!

 

38–SANO

 

Hayotning foniyligi

 

IJROCHILAR RAHBARIGA. YEDUTUNGA* BAG‘ISHLANGAN DOVUD SANOSI.

 

 

1-2Men yurar yo‘limga ehtiyot bo‘layin,

Aytar so‘zim ila gunoh qilib qo‘ymayin,

Fosiq qarshimda ekan, og‘iz ochmayin, dedim.

3Tilimni tiyib, sukut etdim,

Har qanday yaxshi gapni ham og‘zimga olmay, jim bo‘ldim.

Shunda dardim ortib bordi,

4Vujudimda yuragim haroratlandi,

Xayolimdan ko‘nglim o‘rtandi,

Nihoyat men tilga keldim:

5Aytgil, Xudovand, umrim qazosin,

Kunlarim sanog‘i necha erkan,

Nechog‘lik foniy ekanman, bilayin!

6Ha, Sen kunlarimni qarichlab bergansan,

Umrim Sening oldingda hech narsaday,

Har qanday badastir inson umri ham faqat ovoragarchilikdir.

SALOT

7Har bir odam yuradigan ko‘lankaga o‘xshaydi,

Inson g‘avg‘olarining hammasi – ovoragarchilik.

Mol to‘playdi, biroq kimga qolishini bilmaydi.

8Endi, yo Rabbim, men nimani kutay?

Sendandir mening barcha umidim!

9Butun qonunsizligimdan o‘tib forig‘ qilgin,

Razillar razolatiga duchor etmagin meni!

10Indamadim, og‘zimni ochmadim,

Chunki Sening ishingdir bu.

11Zarblaringni mendan chetlatgin,

Qo‘ling balosidan men tamom bo‘ldim.

12Sen insonni jinoyati uchun fosh etib,

Jazosini beradigan bo‘lsang gar,

Uning bor husni, kuya yemirgandek, kukunga aylanar.

Ha, har bir inson umri ovoragarchilikdir.

SALOT

13Ibodatimni eshitgin, ey Xudovand,

Quloq solgin dod-faryodimga!

Ko‘z yoshlarimni nazarga ilmay qo‘yma!

Mana, Sening oldingda men bir g‘aribman,

Barcha bobolarim kabi bir musofirman.

14G‘azabingni mendan qaytargin,

Olamdan o‘tib yo‘qolishimdan oldin

Men bir taskin topayin!

 

39–SANO

 

Xalos bo‘lganning shukrona duosi

 

IJROCHILAR RAHBARIGA. DOVUD SANOSI.

 

 

1-2Men Xudovandga qattiq umid bog‘ladim,

U menga egilib, faryodimni eshitdi.

3U meni dahshatli zovurdan,

Loyli botqoqdan chiqarib oldi.

Oyoqlarimni qoyaga bostirib,

Qadamlarimni mustahkamlab qo‘ydi.

4U og‘zimga yangi bir qo‘shiq,

Xudoyimiz uchun tasanno soldi.

Ko‘plar buni ko‘rib va qo‘rqib,

Xudovandga umid bog‘laydilar.

5Xudovandga umid bog‘laydigan,

Mag‘rurlarga esa yalinmaydigan,

Kazzoblar bilan yurmaydigan odam baxtli!

6Yo Rabbim, Xudoyo Xudovando,

Sen ko‘p ajoyibotlar ko‘rsatding,

Mo‘jizakor maqsadlaring biz uchundir;

Bunda Sening tenging yo‘q.

Ajoyibotlaringni bayon etib og‘iz ochsam,

Ularning son–sanog‘i yo‘q.

7Qurbonlik va bag‘ishlovdan Sen rozi bo‘lmading,

– Quloqlarimni ochib yubording –

Gunoh uchun yoqiladigan qurbonlikni,

Baxshidani talab qilmading.

8O‘shanda men dedim:

Sening huzuringga keldim,

O‘rog‘liq bitikda men haqda bitilgan.

9Xohishingni bajarmoq istayman, ey Xudoyim,

Sening Qonuning yuragimda mening.

10Ulug‘ jamoat ichra haqqoniyatni e’lon etdim,

Aslo irnimga qatag‘on qilmadim;

Ey Xudovand, Sen bilasan!

11Sening haqligingni yuragimda yashirmadim,

Sadoqat va najotkorligingni bayon etdim,

Inoyatu haqiqatingni esa sir saqlamadim ulug‘ jamoatdan.

12Ey Xudovand,

Darig‘ tutma mendan himmatlaring,

Inoyatu haqiqating meni doim saqlasin!

13Men sanoqsiz ofatlarga duchor bo‘ldim,

O‘z gunohlarim meni quvib, boshimga yetdi,

Qarashga ham botinolmayman.

Ular boshimdagi sochlardan ham ko‘p,

Yuragim meni tark etdi.

14Ey Xudovand, meni ozod etmoqqa rozi bo‘lgin,

Menga yordam berishga shoshilgin, ey Xudovand!

15Jonim payiga tushganlarning hammasi

Sharmanda bo‘lsin, yuzi shuvut bo‘lsin!

Menga yomon niyatlarni istaganlar

Orqaga qaytib kalaka bo‘lsinlar!

16Menga: «Ehe, Eha!» – deganlar

Sharmisorlikdan esankirab qolsinlar!

17Barcha Seni qidiruvchilar esa

Sendan shod bo‘lib sevinsinlar.

Sening najotlaringni sevganlar:

«Xudovand ulug‘!» – desinlar mudom.

18Men bo‘lsam – bechorayu faqirman,

Vale Rabbim yeydi mening g‘amimni,

Udir madadkoru xaloskorim mening.

Kechikmagin, ey Xudoyim!

 

40–SANO

 

Mehribon mehr topar

 

IJROCHILAR RAHBARIGA. DOVUD SANOSI.

 

 

1-2Bechoraga joni kuygan kishi baxtlidir,

Ofat kunida Xudovand uni qutqarar.

3Xudovand uni asrab, hayot bag‘ishlar,

O‘zi mamlakatda baxtli bo‘lar.

Sen uni dushman ixtiyoriga topshirmaysan, ey Xudovand.

4U og‘rib yotganida uni mustahkamlaysan,

Xastalik to‘shagini O‘zing ag‘darib yuborasan!

5Men Xudovandga dedim:

Menga mehribonlik qilgin,

Dardimga davo bergin;

Men Senga qarshi gunoh qildim.

6Dushmanlarim meni g‘iybat qiladilar,

«Qachon o‘lib, uning nomi yo‘q bo‘larkan?» – deydilar.

7Ular meni ko‘rmoqqa kelsa gar,

Yolg‘on so‘zlab, ko‘nglida yomonlik to‘qiydilar,

Tashqariga chiqar-chiqmas, lof uradilar.

8Mendan nafratlanuvchilar o‘zaro pichirlashib,

Menga qarshi yomon niyat qiladilar.

9«Balo-qazo yopishibdi unga, – deydilar, –

Bir yotgandan keyin joyidan turmas!»

10Hatto mening non-tuzimni totgan,

Men suyangan, men bilan totuv bo‘lgan do‘stim

Menga qarshi tovonini ko‘tardi!

11Ammo Sen, ey Xudovand,

Menga mehribonlik qilib, oyoqqa turg‘az,

Toki ulardan qasos olayin!

12Mendan rozi ekaningni shundan bilaman:

Dushmanim mendan aslo ustun chiqa olmaydi.

13Sofdilligim tufayli menga madadkorsan,

Yuzing o‘ngida abadiy turg‘azib saqlaysan.

14Isroilning Tangrisi – Xudovandga

Abadulabad shon-sharaflar bo‘lsin!

Omin! Omin!

 

41–SANO

 

Xudoga tashnalik

 

IJROCHILAR RAHBARIGA. QO‘RAH O‘G‘ILLARI* QASIDASI.

 

 

1-2Kiyik oqar anhor suvlarini tusaganday,

Ko‘nglim Seni shunday tusamoqda, ey Xudo!

3Xudoga, kuchli, barhayot Tangriga jonim tashna.

Qachon kelib Xudoning huzuriga ko‘rinar ekanman?

4«Sening Xudoying qayerda?» deb

Mendan kun bo‘yi so‘rashmoqda,

Kecha-kunduz ko‘z yoshim menga oziq bo‘lmoqda.

5Shularni eslaganimda ko‘nglim sel bo‘lyapti:

Men jamoat bilan sayr etar edim,

Bayram tusli, tantanavor olomon ichra,

Baland ovozli kuylaru hamd – sanolar ichra

Xudoning ma’badiga borib kirar edim.

6Ey jonim, nega bunday tushkunsan?

Nechun ichimda g‘ashlik qilasan?

Xudoga umid bog‘la!

Ha, men yana Xudoga shukr aytaman,

Undan kelar menga najot.

7Jonim ichimda qiynalib ketmoqda,

Shuning uchun O‘rdun diyoridan,

Hermo‘n va Mis’or tog‘laridan turib,

Seni xotirlamoqdaman, ey Xudoyim!

8Sening sharsharang ovozlari ila

Girdob girdobni chorlamoqda,

Sening barcha suv to‘lqinlaring

Ustimdan o‘tib ketmoqdalar.

9Kunduzi Xudovand inoyatini yo‘llar,

Kechasi esa Ungadir mening xonishim,

Hayotim Tangrisigadir ibodatim.

10Men suyangan qoyam – Xudoga deyman:

Nechun Sen meni unutding?

Nega yov zulmi ostida g‘amgin yurar ekanman?

11«Sening Xudoying qayerda?» deb

Kun bo‘yi so‘rashmoqda dushmanlarim.

Ularning haqorati iligimga singdi,

Suyaklarim zirqirab ketdi.

12Ey jonim, nega bunday tushkunsan?

Nechun ichimda g‘ashlik qilasan?

Xudoga umid bog‘la!

Ha, men yana Xudoga shukr aytaman,

Undan kelar menga najot.

 

42–SANO

 

Ilohiy yordam uchun munojot

 

1Yo Xudoyo, yuzimni yorug‘ qilgin!

Shakkok xaloyiqqa haqligimni ko‘rsat!

Yolg‘onchidan, hiylagardan meni himoya qil!

2Mening Xudoyim va qo‘rg‘onim Sensan-ku,

Nechun meni rad qilding?

Nega yov zulmi ostida g‘amgin yurar ekanman?

3O‘z nuring va haqiqatingni yuborgil,

Ular menga yo‘l ko‘rsatsin,

Sening muqaddas tog‘ingga,

Ulug‘ maskanlaringga meni eltsin;

4Toki men Xudoning qurbongohiga boray,

Meni quvontirgan Tangrimga shukrlar dey.

Seni g‘ijjak chalib kuylayman,

Ey, meni shod qilgan Xudoyim!

5Ey jonim, nega bunday tushkunsan,

Nechun ichimda g‘ashlik qilasan?

Xudoga umid bog‘la!

Ha, men yana Xudoga shukr aytaman,

Undan kelar menga najot.

 

43–SANO

 

Oldingi qutulishlar, hozirgi uqubatlar

 

IJROCHILAR RAHBARIGA. QO‘RAH O‘G‘ILLARI QASIDASI.

 

 

1-2Yo Xudoyo!

Biz o‘z qulog‘imiz bilan eshitganmiz,

O‘tgan kunlarda, qadimiy zamonlarda

Sen yaratgan ajoyib ishlaring haqida

Bizga otalarimiz hikoya qilib keldilar.

3Sen O‘z qo‘ling-la xalqlarni quvib tashlagansan,

Elu elatlarni to‘ntarib, surib tashlagansan,

Ota-bobolarimizning esa aziz diyorda tomir yoyishiga yo‘l bergansan.

4Ular diyorni o‘z qilichi bilan olgani yo‘q,

Qo‘l kuchlari yordamida g‘alabaga erishgani yo‘q.

Faqat Sening qo‘ling, Sening kuching,

Yuzing nuri va lutfing tufayli g‘alabaga erishganlar.

5Ey Xudoyim va Podshohim, Sen O‘shasan,

Bani-Yoqubga O‘zing najotlar yo‘llagaysan.

6Sening quvvating-la yovni suzib yuborarmiz,

Ismi sharifing-la ezib tashlarmiz g‘animni.

7Men o‘z kamonimga suyanmayman,

Shamshirim esa meni qutqarmas.

8Dushmanlarimizdan bizni Sen qutqarursan,

Bizdan nafratlanganlarni sharmanda qilursan.

9Kundan-kun Sen bizning iftixorimizsan, ey Xudo,

Sening ismingni abadiy sharaflaymiz.

SALOT

10Biroq hozir Sen bizni tashlab, sharmanda qilding,

Qo‘shinlarimiz bilan jangga chiqmayapsan endi.

11Yov oldidan bizni qochirding,

Ag‘yorlar bizni talon-taroj qilmoqdalar.

12Bizni qo‘ylar kabi yemish uchun topshirding,

Xalqlar orasiga bizni tarqatib yubording.

13O‘z xalqingni esa tekinga sotding,

Uning bahosi haqida savdolashmading.

14Qo‘shnilarimiz oldida yuzimizni qora qilding,

Atrofimizdagilarga kulgi va masxara bo‘ldik.

15Ellar aro bizni kinoyaga qoldirding,

Yot qavmlar bizga qarab, bosh chayqab qo‘ydilar.

16Har kuni sharmandalik ko‘zim o‘ngida,

Yuzim qora, berkitib yuraman.

17Tuhmatchi va tahqirchining so‘kuvidan,

Dushman va qasoskorning boqishidan uyalaman.

18Bularning hammasi boshimizga tushdi,

Biroq biz Seni unutmadik,

Ahdingga ham xoinlik qilmadik.

19Ko‘nglimiz qaytmadi Sendan,

Tovonimiz og‘ib ketmadi rohingdan.

20Illo Sen bizni ajdarho inida poymol qilding,

O‘lim soyasi bilan boshimizni chulg‘ading.

21Agar biz Xudoyimiz nomini unutib,

Begona bir tangriga sig‘inganimizda,

22Xudovand buning hisobini so‘ramasmidi?

U yurak sirlarini biladi-ku!

23Sen tufayli bizni har kun o‘ldirmoqdalar,

Qurbonlik qo‘ylar deb hisoblaydilar.

24Yo Rabbiy, uyg‘ongin, nega uyqudasan?

Turgin, bizni abadiy tashlab qo‘yma!

25Nega Sen yuzingni yashirasan,

Faqir va mazlumlarimizni unutasan?

26Jonimiz tuproqda poymol bo‘ldi,

Bag‘rimiz yerga yopishib qoldi.

27Sen turib, bizga yordamga shoshil,

Inoyating bilan bizga najot yuborgil!

 

44–SANO

 

Ulug‘ Podshohning nikoh qo‘shig‘i

 

IJROCHILAR RAHBARIGA. «LOLAGUL» KUYIGA. QO‘RAH O‘G‘ILLARI QASIDASI. SEVGI QO‘SHIG‘I.

 

 

1-2Dilimdan ezgu kalomlar to‘kilaveradi,

Tilim – mohir yozuvchining qalami.

Yaratgan she’rimni podshohga taqdim etgayman:

3Sen inson o‘g‘illarining eng go‘zalisan,

Lablaringdan latofatli so‘zlar quyilar.

Shul bois Xudo seni mangu muborak aylagan.

4Ey botir, jamolu salobating ila

Belingdagi shamshirni shaylab qo‘y!

5Shu salobating ila jangga tushgil,

Haqiqatgo‘ylik, olijanoblik, odillik yo‘lida kurashgil!

Sening qo‘lingdan ajoyib ishlar kelgay.

6Kamoning o‘qlari o‘tkir bo‘lgay,

Podshoh dushmanlarining yuragiga sanchilgay,

Sening poyingga xalqlar yiqilgay!

7Ey Xudo,

Sening taxting doimiy va abadiydir,

Podshohliging hassasi – haqqoniyat hassasi.

8Sen adolatni sevib,

Yovuzlikdan nafratlanasan,

Shuning uchun Xudo, Sening Xudoying

Tengdoshlaringdan ko‘ra ko‘proq

Sening boshingga xurramlik moyi surtgan.

9Butun ust-boshingdan mirra*,

Sabur va dolchin hidi sochilar;

Fil suyagidan qilingan saroylardan kelgan

O‘yin-kulgi sadolari seni shod qilar.

10Hurmatli bonularing ichra shoh qizlari bor,

Malika esa O‘fir oltiniga bezanib,

Sening o‘ng tomoningda turibdi.

11Tingla, ey qiz, quloq solib qaragin,

Qavming va otang uyini unutgin!

12Podshoh sening go‘zalligingni orzu etmoqda,

Sening janobingdir u, unga sajda qil!

13Tir qizi senga tavajjuh qilsin,

Elning boylari senga yalinib-yolvorsin.

14Haramdagi podshoh qizi juda chiroyli,

Oltindan tikilgandir uning libosi.

15Naqshinkor libosda uni shohga keltiradilar,

Dugonalari uning ortidan borib,

Senga uni eltadilar.

16Ular shodligu xurramlik-la kuzatilib,

Podshoh saroyiga kiradilar.

17Bobolaring joyini o‘g‘illaring olgaylar,

Sen butun jahonda ularni sarvar etgaysan.

18Men nasldan-naslga Sening nomingni maqtayman,

Xalqlar esa ilalabad Senga shukronalar aytgay.

 

45–SANO

 

Xudo – bizning panohimiz

 

IJROCHILAR RAHBARIGA. «QIZLAR» KUYIGA. QO‘RAH O‘G‘ILLARINING QO‘SHIG‘I.

 

 

1-2Xudo bizning panohimiz va quvvatimizdir,

Tang ahvollarimizda hamisha tayyor turgan yordamchimizdir.

3Shuning uchun biz qo‘rqmaymiz;

Hatto yer ostin-ustin bo‘lib ketsa ham,

Dengizlar bag‘riga tog‘lar qulab tushsa ham,

4To‘lqinlar mavj urib, ko‘pirib ketsa ham,

Po‘rtanalardan tog‘u tepa silkinib ketsa ham,

Biz qo‘rqmaymiz!

SALOT

5Bir daryo borki,

Uning oqimlari Xudoning shahriga,

Taoloning muqaddas maskaniga sevinch keltirur.

6Xudo uning o‘rtasida, u tebranmas aslo.

Tong otganda Xudo unga yor bo‘lur.

7Xalqlar shovqin soldi, o‘lkalar tebrandi,

Tangri ovoz berdi, dunyo erib ketdi.

8Sarvari koinot bizlar bilan,

Yoqub Xudosi qo‘rg‘onimiz bizning!

SALOT

9Keling, Xudovand qilmishlarini ko‘ring,

U yer yuziga qanday dahshatlar soldi!

10Yer chetlariga qadar U janglarni to‘xtatadi,

Kamonni sindirib, nayzani parchalaydi,

Jang arobalarini yoqib kulga aylantiradi.

11«To‘xtang, bilingki, Men – Xudoman,

Xalqlar ichra nomim baland bo‘lgay,

Yer yuzi bo‘ylab nomim baland bo‘lgay».

12Sarvari koinot bizlar bilan,

Yoqub Xudosi qo‘rg‘onimiz bizning!

SALOT

 

46–SANO

 

Xudo – Podshohimiz

 

IJROCHILAR RAHBARIGA. QO‘RAH O‘G‘ILLARI SANOSI.

 

 

1-2Ey barcha xalqlar,

Xudo sha’niga qarsak chalinglar,

Quvonchli sadolar-la xitob qilinglar!

3Xudoyi Taolodan qo‘rqmoq lozim,

Butun yer yuzida U buyuk Podshohdir!

4U bizga xalqlarni tobe qildi,

Elatlarni oyog‘imiz tagiga qo‘ydi.

5Suygan quli Yoqubning faxrli qismatin

Bizning qismatimiz qilib belgiladi.

SALOT

6Xudo zafar shodiyonasi ila yuksaldi,

Surnay ovozi-la taxtga chiqdi Xudovand.

7Tarannum eting, Xudoga tarannum eting!

Tarannum eting, Podshohimizga tarannum eting!

8Xudo butun yer yuzining Podshohidir;

Buni fahmlab, tarannum aylang!

9Xudo xalqlar ustidan saltanatlidir,

Xudo muqaddas taxtida o‘ltiribdir.

10Xalqlar asilzodalari to‘plandilar,

Ibrohim Xudosining qavmiga to‘plandilar,

Xudoga qaramdir yer yuzi sarkardalari;

U g‘oyat baland martabalidir.

 

47–SANO

 

Sionning ko‘rkamligi

 

QO‘RAH O‘G‘ILLARI SANOSI. QO‘SHIQ.

 

 

1-2Xudovand buzrukvordir!

O‘z shahrida, O‘zining muqaddas tog‘ida

Xudoyimizni qanchalar ulug‘lasa ozdir.

3Sion tog‘i go‘zal tepalikdir,

Butun yer yuzining sevinchidir.

Shimol tog‘lariday ulug‘dir u,

Buyuk Podshohning shahridir u.

4Xudo uning saroylarida hozirdir,

Mudofaa qal’asi O‘zi ekanini ko‘rsatur.

5Shuning uchun podshohlar to‘planib,

Uning huzuriga saf-saf bo‘lib o‘tdilar.

6Uni ko‘rganlarida taajjubda qolib,

Vahmu dahshat olib qochib ketdilar.

7Tug‘ayotgan xotinning to‘lg‘og‘i kabi,

U yerda ularni titroq va azob qopladi.

8Sen sharq shamolini estirib,

Tarshish kemalarini parchalab tashlading.

9Biz Xudoyimizning shahrida,

Sarvari koinotning kentida eshitgan edik,

Endi xuddi o‘shani ko‘rdik:

Xudo shaharni to abad mustahkamlaydi.

SALOT

10Ey Xudovand, Sening ma’bading o‘rtasida

Biz inoyatingni ko‘z oldiga keltirib, mahliyo bo‘ldik.

11Ey Xudo, Sening noming qanchalik ulug‘!

Shuhrating yerning chetlarigacha yoyilgan,

O‘ng qo‘ling adolatli ishlarga to‘lib-toshgan.

12Sening haqqoniy hukmlaring tufayli

Sion tog‘i sevinsin,

Yahudo qizlari shod bo‘lsin!

13Sion chegarasini kezib,

Atrofini aylanib chiqingiz,

Minoralarini sanab chiqingiz.

14Istehkomlariga yaxshi e’tibor bering,

Saroylarida sayr qilinglar,

Kelajak naslga ham hikoya etinglar:

15Ana, bu – Xudodir!

Abadulabad bizning Xudoyimizdir,

O‘limdan nariga boshlovchi Dohiymizdir.

 

48–SANO

 

Davlat va shuhratning oxiri – o‘lim

 

IJROCHILAR RAHBARIGA. QO‘RAH O‘G‘ILLARI SANOSI.

 

 

1-2Bunga quloq soling, ey hamma xalqlar!

Ey ahli dorilfano, barchangiz tinglang!

3Avomlaru bekzoda ham, boylaru fuqaro ham

Birgalikda quloq solinglar!

4Tilim hikmatni bayon etar,

Dilimdan dono mulohazalar o‘tar.

5O‘zim ham masalga quloq solib,

Sirimni g‘ijjak bilan anglatarman.

6Ofatli kunlarda nechun qo‘rqar ekanman?

Mana, ta’qib qiluvchilarning yovuzligi

Har yoqdan meni siqib qo‘ymoqda!

7Ular o‘z davlatmandligiga tayanib,

Boyliklari ko‘pligidan gerdayib ketganlar.

8Vale to‘lov bilan qutqara olmas

Biron-bir inson o‘z birodarin,

Xudoga pul bera bilmas

Joniga najot topmoq uchun.

9Jonlar bahosi-ku – bebahodir,

Bunga kishi aslo erisha olmas.

10Yo‘qsa kishi boqiy yashar,

Qabr yuzini ham ko‘rmas edi.

11Ma’lumki, hatto donolar o‘lar,

Ahmoq va nodon birday yo‘q bo‘lar,

Boyliklari esa boshqalarga qolar.

12Ular ich-ichidan xayol surib:

Bizning uy-joyimiz boqiydir, deydilar,

Maskanimiz nasldan-naslga o‘taveradi, deb,

Yer-suviga o‘z nomlarini beradilar.

13Biroq odam izzatli bo‘lsa-da mangu qo‘nmas,

U hayvonga o‘xshab yo‘q bo‘lib ketar.

14Ularning bu yo‘li telbalikdir,

Ularni ma’qullaganlar esa ularga ergashadilar.

SALOT

15Ular qo‘ylardek tamug‘ga haydaladilar,

O‘lim esa ularning cho‘poni bo‘lib qolar.

Subhda solihlar ular ustidan hukm surar.

Ularning tani tamug‘da nurab ketar,

O‘liklar diyori ularning qasri bo‘lar.

16Biroq mening jonimni Xudo

O‘lim panjasidan qutqarib qolar,

O‘zi meni qabul qilar.

SALOT

17Birovning davlatmand bo‘lganidan,

Yoki xonadoni izzati oshganidan qo‘rqma.

18U o‘lganida o‘zi bilan hech narsa olib ketmas,

Uning izzati ham orqasidan ketmas.

19Garchi tirikligida uni duo etishgan bo‘lsa ham,

Garchi u insonga yaxshilik qilib,

Maqtovga sazovor bo‘lgan bo‘lsa ham,

20U o‘z otalari nasliga yetar,

Ularday to abad yorug‘likni ko‘rmas.

21Shuni anglamaydigan inson izzatli bo‘lsa-da,

Hayvonga o‘xshab yo‘q bo‘lib ketar.

 

49–SANO

 

Haqiqiy va soxta dindorlik

 

ASAF* SANOSI.

 

 

1Xudovand, Tangri Taolo so‘zladi,

Quyoshning chiqar yeridan botar yerigacha

U yer yuziga xitob qilmoqda.

2Kamoli chiroyli Siondan Xudo zuhur etadi.

3Xudoyimiz keladiyu, indamay turmas.

Uning oldida yeb bitiradigan otash,

Atrofida esa – shiddatli bo‘ron.

4O‘z xalqiga hukm chiqarmoq uchun,

U yuqoridan yeru osmonni chaqiradi:

5«Men bilan qurbonlikka ahd qilgan

Azizlarimni Menga to‘plab beringlar!»

6Osmon Uning adolatini e’lon qiladi,

Xudoning O‘zi – Hukmlovchidir.

SALOT

7«Ey xalqim, tinglagin, Men so‘zlayman,

Ey Isroil, seni qattiq ogohlantiraman,

Men Xudoman, Sening Xudoyingman.

8Qurbonliklaring uchun ta’na qilmayman,

Kuydirgan bag‘ishlovlaring qarshimda doim.

9Men na hovlingdagi buqani,

Na og‘ilingdagi takani istayman.

10Menikidir o‘rmonning hamma hayvonlari,

Tog‘da yashovchi minglab jonivorlar.

11Barcha tog‘ qushlarini Men bilaman,

Butun dasht jonivorlari qo‘lim ostida.

12Och qolsam-da, sendan so‘ramayman,

Menikidir dunyo va uni to‘ldirgan borliq.

13Men buqa go‘shtini yermikanman,

Yoki takalar qonini icharmikanman?»

14«Xudoga shukrona bilan qurbonlik keltir,

Haq Taologa nazrlaringni bajo keltir.

15Og‘ir kunlarda Meni chaqirgin,

Men senga najot beraman,

Sen esa Meni ulug‘laysan».

16Biroq gunohkorga Xudo bunday deydi:

«Nega sen Mening amrlarimni talqin qilib,

Ahd-paymonimni og‘zingga olasan?

17Sen Mening yo‘l-yo‘rig‘imdan nafratlanib,

Kalomlarimni xor qilib tashlaysan-ku!

18O‘g‘rini ko‘rganda u bilan topishib olasan,

Zinogar ila bir jon, bir tan bo‘lasan.

19Og‘zingda yomonlikka erk berib,

Tilingda hiylani to‘qiysan.

20O‘tirsang, birodaringni g‘iybat qilasan,

O‘z onang o‘g‘liga tuhmat qilasan.

21Sen shu ishlarni qilding,

Men esa indamadim;

Shunda Meni o‘zingga o‘xshash deb o‘ylading.

Endi Men adabingni berib qo‘yaman,

Gunohingni ko‘z o‘ngingda fosh qilaman.

22Endi shuni anglab oling,

Ey sizlar, Xudoni unutganlar!

Yo‘qsa sizlarni parchalab tashlarman

Va najotkoringiz qolmas».

23«Shukrona bilan qurbonlik keltirgan

Meni ulug‘laydi,

Shu yo‘lda to‘g‘ri yurganlarga

Men ilohiy najot yo‘llayman».

 

50–SANO

 

Gunohkorning tavba qilishi

 

IJROCHILAR RAHBARIGA. DOVUD SANOSI. DOVUD BINT-SHABONI* OLGANDAN SO‘NG, NATAN PAYG‘AMBAR UNING OLDIGA KELGANDA USHBUNI O‘QIGAN.

 

 

1-3Ey Xudo, menga inoyat qilib,

Mehribonlik ko‘rsatgin!

Cheksiz rahm-shafqating tufayli

Qonunsiz ishimdan kechib yuborgin!

4Aybimni tamoman yuvib tashla,

Gunohimdan meni tozalagin!

5Qilmishimni qonunsizlik deb tan olaman,

Qilgan gunohim ko‘z o‘ngimdadir mudom.

6Men Senga, faqat Senga qarshi gunoh qildim,

Sening ko‘z oldingda yomonlik qildim.

Sen esa so‘zingda doim barhaqsan,

Hukm qilganingda faqat odilsan.

7Men gunohkor bo‘lib dunyoga kelganman,

Onam meni gunoh ichida tuqqan ekan.

8Sen ko‘ngillardan haqiqatni qidirasan,

Yashirin qalbimga hikmatni o‘rgatasan.

9Meni issop* bilan tozala, pok bo‘lay,

Meni yuvgin, qordan ham oq bo‘lay!

10Menga shodligu xursandlik mujdasin keltir,

Sen ezgan suyaklarimga yana jonu quvonch kirsin!

11Gunohlarimdan yuzingni o‘girgin,

Barcha yomonliklarimdan kechib yuborgin!

12Ey Xudo, menda pok yurakni yaratgin,

Ichimda yangi, sobit ruhni bunyod etgin.

13Meni O‘zingdan uzoqlashtirib tashlama,

O‘z Muqaddas Ruhingni mendan olma.

14Najoting ila meni qayta quvontirgin,

Irodali ruh ila meni mustahkamlagin.

15Qonunbuzarlarga Sening yo‘llaringni o‘rgataman,

Gunohkorlar Senga qaytib kelsinlar.

16Qonimdan o‘tavergin, ey Xudoyim, Najotkorim,

Sening adolatingni tarannum etsin tilim.

17Qulfi dilimni O‘zing ochib yuborgin, yo Rabbiy,

Tilimdan tushmasin endi Sening sanolaring!

18Sen qurbonlikni xohlamassan,

Aks holda uni so‘yib keltirar edim;

Kuydirilgan bag‘ishlovdan ham rozi bo‘lmassan.

19Xudoga ma’qul bo‘ladigan qurbonlik – buzilgan ko‘ngildir.

Buzilgan, ezilgan ko‘ngilni Sen xorlamassan, ey Xudo.

20Sionga lutfu karam aylagin,

Quddus devorlarini obod qilgin!

21O‘shanda halol qurbonliklar keltirilajak,

O‘shanda yoqiladigan qurbonliklar tutuni

Sening rizoligingni topajak,

Qurbongohingda novvoslar qurbon qilinajak.

 

51–SANO

 

Xudosiz maqtanchoqning qismati

 

IJROCHILAR RAHBARIGA. EDO‘MLIK DO‘EG SHOUL OLDIGA BORIB: «DOVUD AXIMALIKNING UYIGA KIRIBDI», – DEB BILDIRGAN PAYTDA DOVUDNING AYTGAN QASIDASI.

 

 

1-3Ey zo‘ravon, nechun yovuzliging bilan maqtanib,

«Tangri inoyati menga doim yor», deb yurasan?

4Hoy hiylagar, niyati buzuq,

Keskir ustaradekdir tiling!

5Sen yaxshilikdan ko‘ra yomonlikni,

Haqiqatdan ko‘ra yolg‘onni ortiq sevasan.

SALOT

6Ey sen, makrli til,

Qing‘ir maqsadlarni ortiq sevasan!

7Tangri O‘zi seni abadiy halok qiladi,

Seni chodiringdan quvib chiqaradi,

Tiriklar diyoridan ildizingni quritib tashlaydi.

SALOT

8Solihlar buni ko‘rib, qo‘rqadilar,

Uning ustidan kulib, deydilar:

9«Qarang, Xudoni tayanchim deb bilmagan,

Davlati ko‘pligiga e’tiqod qo‘yib,

Boyligiga ishongan odamning oqibati shu!»

10Men esa Xudo uyida yashnab turgan zaytun daraxti kabiman,

Ilalabad Xudo inoyatiga suyanib, umid qilaman.

11Senga mangu shukrlar deyman, yo Rab,

Chunki buni Sen bajarding.

Sening ismingga umid qilaman,

Zero azizlaring nazdida ezgudir isming.

 

52–SANO

 

Shakkokning ahmoqligi va razolati

 

IJROCHILAR RAHBARIGA. «QAYG‘U-ALAM» KUYIGA. DOVUD QASIDASI.

 

 

1-2Ahmoq o‘z ko‘nglida: «Xudo yo‘q!» – deydi.

Bundaylar buzilib borgan sari rasvo bo‘ladilar.

Yaxshilik qiladigan hech kimsa yo‘q.

3Xudo inson o‘g‘illariga osmondan boqadi,

Meni qidiruvchi biror idrokli kishi bormikan, deya.

4Illo hamma yo‘ldan ozib gumroh bo‘lgan,

Barcha chirib, yaroqsiz bo‘lgan.

Ezgulik qiladigan yo‘q,

Hatto biror kishi ham yo‘q!

5Xalqimni bir luqma kabi yutib yuboradigan,

Xudoni esa chaqirmaydigan badkirdorlarning aqli yetmasmikin?

6Qarang, ular qo‘rquvdan cho‘chidilar,

Ammo hech qo‘rqinch yo‘q edi.

Xudo seni qamal qilganlarning suyaklarini sochib tashladi.

Sen ularning sharmandasini chiqarding,

Ha, Xudoning O‘zi ularni rad etdi.

7Koshki SiondanIsroilga najot kelsa!

Xudo O‘z xalqini asirlikdan qaytargach,

Bani-Yoqub shod bo‘lgay, Isroil sevingay.

 

53–SANO

 

Yovdan xalos bo‘lish uchun munojot

 

IJROCHILAR RAHBARIGA. SOZ UCHUN. ZIFLIKLAR SHOULNING OLDIGA BORIB: «DOVUD BIZNING ORAMIZDA YASHIRINMOQDA-KU», – DEGANLARIDA DOVUDNING AYTGAN QASIDASI.

 

 

1-3Ey Xudo,

Isming haqi uchun meni qutqargin,

Qudrating ila huquqimni himoya qilgin!

4Ibodatimni tinglagin, ey Xudo,

So‘zlarimga quloq bergin!

5Ajnabiylar menga qarshi oyoq ko‘tardi,

Zolimlar jonimga qasd qildilar;

Ular Xudoni pisand qilmaydilar.

SALOT

6Mana qarang, Xudo menga yordamchidir,

Rabbimning O‘zi jonimni asraydi.

7U ofatni mendan qaytarib,

Yovlarimning o‘z boshiga soladi.

Haqiqating haqi ularni mahv qil, ey Xudovand!

8Senga chin ko‘ngildan qurbonlik keltirib,

Ismingga shukrlar deyman, yo Rabbim,

Chunki ezgudir Sening isming.

9Sen meni har qanday kulfatdan qutqarding,

Yovlarimning sharmandaligini menga ko‘rsatding.

 

54–SANO

 

Xiyonatga uchraganning nolasi

 

IJROCHILAR RAHBARIGA. SOZ UCHUN. DOVUD QASIDASI.

 

 

1-2Ey Xudo,

Ibodatimga quloq solgin,

Yuz o‘girma munojotimdan!

3Meni yaxshi tinglab, javob bergin!

Men qayg‘uga botib, fig‘on chekyapman.

4Dushman do‘q-po‘pisa qilayotir,

Fosiq jabr-sitam aylamoqda;

Ular menga kulfat keltirmoqchi,

Qahr-zo‘g‘im va xusumat yog‘dirmoqdalar.

5Bag‘rimda yuragim o‘ynayapti,

Ustimga o‘lim dahshatlari tushdi.

6Menga qo‘rquv va titroq keldi,

Vahima bosib oldi yuragimni.

7Koshki kabutarning qanoti menda bo‘lsa edi,

Uchar va rohat ham topar edim, dedim.

8Ha, uzoqlarga uchib ketib,

Cho‘l-biyobonda qo‘nolg‘a topar edim.

SALOT

9Qiron va bo‘rondan tez qochib,

Bekinar joy qidirib topar edim.

10Yo Rabbiy, Sen ularni yakson qil,

Tillaridan ayirib tashla!

Shaharda faqat zo‘ravonlik va g‘avg‘oni ko‘ryapman.

11Kechayu kunduz shahar devorlari ustida yuribdilar,

Shahar gunoh va kulfat bilan to‘lib-toshgan.

12Uning o‘rtasida buzuqchilik hokim,

Hiylayu firib maydonlaridan chiqmay qoldi.

13Meni haqorat qilayotgan dushman emas,

Aks holda chidar edim.

Menga ag‘yorlik qilayotgan yov emas,

Yo‘qsa undan qochar edim.

14Ammo sen o‘zingsan, mening tengqurim,

O‘rtog‘im, mening jon do‘stim!

15Biz qanday birga shirin suhbatlar qilib,

Olomon bilan Xudo uyiga kirib chiqar edik...

16O‘lim ularning boshiga kelsin,

Tamug‘ga tirikligicha ketsinlar!

Ularning uylaridayu ichlarida – faqat yovuzlik.

17Men bo‘lsam, Xudoni chaqiryapman,

Xudovand menga najot berar.

18Oqshom, subh va qiyomda faryod etib,

Tashvishmandlar nolasini qilyapman.

Xudovand mening tovushimni eshitar.

19Qarshimda ko‘pchilik saf tortgan bo‘lsa-da,

Jangdan jonimni O‘zi qutqarar,

Meni sog‘-salomat saqlab qolar.

20Azaldan Tangri O‘z taxtida o‘ltiribdi,

U eshitadi va ularni jilovlaydi.

SALOT

Ular tavba-tazarruga yondashmaydi,

Xudodan ham qo‘rqmaydilar.

21Tinch aholiga qo‘l uzatib,

Ahd-paymonni buzib yuribdilar.

22Ularning tili yoG‘day bo‘lsa ham,

Lekin yuraklarida harbu zarb bor.

So‘zlari halimdek bo‘lsa-da,

Lekin o‘zlari – yalang‘och qilichdir.

23Tashvishingni Xudovandga tashlab ket,

Uning O‘zi senga tayanchiq bo‘lur.

Solihning yiqilishiga U abadiy yo‘l bermas.

24Qonxo‘r va hiylagar odamlarni esa

O‘zing halokat chohiga tashlaysan, ey Xudo,

Ular umrining yarmini ham yashamaydilar.

Mening esa Senga ishonchim komil.

 

55–SANO

 

Nochorning Xudoga yolvorishi

 

IJROCHILAR RAHBARIGA. «G‘URBATDAGI LOL KABUTAR» KUYIGA. FILISTIYLAR TOMONIDAN GAT SHAHRIDA TUTILGANDA DOVUDNING YARATGAN SHE’RI.

 

 

1-2Ey Xudo, menga mehribonlik ko‘rsatgin!

Chunki inson meni yutmoqni istamoqda,

Kun bo‘yi zarba berib, iskanjaga olmoqdalar.

3Kundan-kun dushmanlarim meni yutmoq payida,

Juda ko‘pchilik menga qarshi chiqqan, yo Taolo!

4Qo‘rqqan kunimda umidim Senda, yo Rab!

5Men Xudo kalomini tarannum etaman,

Xudoga umid bog‘lab, qo‘rqmayman;

Bashar menga ne qila bilar?

6Har kun so‘zlarimni buzib ko‘rsatadilar,

Menga qarshi butun niyatlari – yovuzlik.

7Ular meni yashirincha kuzatib turadilar,

Jonimga qasd qilib, izimdan quvadilar.

8Ularni aslo qo‘ldan chiqarma, ey Xudo,

G‘azabing ila xalqlarni to‘ntarib yubor!

9G‘urbatimni Sen hisobga olgansan;

Ko‘z yoshlarimni shishangga solib ko‘rgin,

Ular Sening kitobingda yozilgan-ku!

10Men Seni chaqirgan kunimda,

Dushmanlarim orqaga qaytadilar;

Shundan bilamanki, Xudo men tomonda.

11Men Xudo so‘zini tarannum etaman,

Xudovand kalomini kuylayman;

12Xudoga umid bog‘lab, qo‘rqmayman;

Inson menga ne qila bilar?

13Ey Xudo, atagan nazrlarim menga farzdir,

Senga shukronalarimni bajo keltiraman.

14Sen jonimni o‘limdan asrading,

Oyoqlarimni to‘siqlardan saqlading.

Men endi hayot yorug‘ida, Xudo huzurida yuraman.

 

56–SANO

 

Balodan panoh

 

IJROCHILAR RAHBARIGA. «XAROB ETMA» KUYIGA. SHOUL OLDIDAN G‘ORGA QOCHIB KETGANDA DOVUDNING YARATGAN SHE’RI.

 

 

1-2Menga shafqat qilgin, ey Xudo,

Menga shafqat qilgin!

O‘zingsan-ku jonimga panoh!

Balolar qaytmaguniga qadar,

Qanotlaring soyasida panoh topaman.

3Men uchun ezgulik yaratuvchi Tangrimga,

Xudoyi Taologa iltijo qilaman.

4U ko‘kdan menga najot yuborgay,

Meni tishlayotganlarni sharmanda qilgay.

SALOT

Xudo O‘zining inoyatu haqiqatini yuborgay.

5Men arslonlar o‘rtasida qoldim,

Yirtqichlar ichra yotibman-ku!

Odamzod tishi – bamisoli nayzayu o‘q,

Ularning zaboni – keskir qilich!

6Ey Xudo, falakdan ham baland yuksalgin,

Ulug‘vorliging ro‘yi zamin uzra porlasin!

7Ular qadamlarimga to‘r tayyorlashdi,

Jonim ma’yuslikka tushdi.

Borar yo‘limda chuqur qazishdi,

Chuqurga o‘zlari qulab tushdi.

SALOT

8Yuragim shay, ey Xudo, yuragim shaydir.

Men Seni kuylayman, tarannum etaman.

9Uyg‘ongin, ey ruhim!

Uyg‘oning, ey chang ila g‘ijjak!

Men saharni uyg‘otib yuboraman.

10Xalqlar ichra Senga shukr deyman, yo Rabbiy,

Ellar aro Seni tarannum etgayman.

11Sening inoyating ko‘klardan ham baland,

Haqiqating esa bulutlardan ham yuksakdir.

12Ey Xudo, falakdan ham yuqoriga yuksalgin,

Ulug‘vorliging ro‘yi zamin uzra porlasin!

 

57–SANO

 

Oxirgi hukm – Xudodan

 

IJROCHILAR RAHBARIGA. «XAROB ETMA» KUYIGA. DOVUD SHE’RI.

 

 

1-2Ey qozilar, nahotki siz adolatni so‘zlayapsizlar?

Nahotki to‘g‘ri hukm chiqaryapsiz, ey bekzodalar?

3Aksincha, ko‘nglingizda nohaqlikni to‘qiysizlar,

Qo‘lingizdan mamlakat bo‘ylab zo‘ravonlik keladi.

4Fosiqlar ona qornidan chiqiboq yanglishar,

Yolg‘onchilar tug‘ilishidan boshlab adashar.

5Ularning zahari – bamisli ilon og‘usi,

Ular kar ilonga o‘xshab qulog‘ini berkitar.

6U ilonki, eshitmas afsungar tovushin,

Tuymas ham uning mohirona sehr-jodusin.

7Yo Xudoyo Xudovando,

Ularning og‘zidagi tishlarni sindirib tashla,

Arslonlar jag‘larini ezib tashla!

8Oqar suvday sochilib yo‘q bo‘lsinlar,

Yoyni tortganda o‘qlari sinib tushsin.

9Shilliq qurt singari erib ketsinlar,

Onasi qornidan chala tug‘ilgan,

Quyosh ko‘rmagan go‘dakday bo‘lsinlar.

10Qozonlaringiz tikan o‘tini sezishidan oldin,

Go‘sht xommi, pishiqmi deb o‘tirmasdan,

Ularni uyurma supurib tashlagay!

11Solih qarimtasini ko‘rib sevingay,

Fosiqning qoni ila oyoqlarini yuvgay.

12O‘shanda insonlar aytadurlar:

Hali ham solihga mukofot bor ekan,

Hanuz yer yuzida hukm qiluvchi Xudo bor ekan!

 

58–SANO

 

Dushman o‘rtasida qolganning nolishi

 

IJROCHILAR RAHBARIGA. «XAROB ETMA» KUYIGA. SHOUL DOVUDNI O‘LDIRISH UCHUN UNING HOVLISINI POYLASHGA KISHI YUBORGANDA DOVUD USHBU SHE’RNI YARATGAN.

 

 

1-2Meni dushmanlarimdan ozod etgin, ey Xudoyim,

Menga isyon qilganlardan himoya qilgin.

3Badkirdorlardan meni xalos qilgin,

Qonxo‘r odamlardan meni qutqargin.

4Mana ular pisib yotib, jonimga qasd qilmoqdalar,

Zo‘ravonlar menga hujum boshlayaptilar.

Jinoyat yoxud gunohim tufayli emas, ey Xudovand,

5Men begunoh bo‘la turib, hujumga saf tortyaptilar.

Menga yordam bermoq uchun turgin va qaragin!

6Sen, ey Xudovand,

Sarvari koinot, Isroilning Tangrisi,

Barcha xalqlarga chora bermoq uchun qo‘zg‘algin,

Sotqinu xoinlarning hech birini ayamagin!

SALOT

7Shomda ular qaytib, itlarday uvlab,

Shahar atrofini aylanib chiqadilar.

8Ularning og‘zi tinmay ig‘vo to‘qiydi,

Lablari esa bamisoli dudama qilich!

Ular: Kim eshitar ekan? – deydi.

9Sen esang, ey Xudovand,

Bundaylar ustidan kulasan,

Elu elatlarni masxara qilasan.

10Ey qudratim*, Senga ko‘z tikaman;

Mening minoram Sensan-ku, ey Xudoyim!

11Xudoyim O‘z inoyati ila meni qarshilaydi,

Dushmanlarim ustidan zafar bag‘ishlaydi.

12Ularni o‘ldirma, toki xalqim unutmasin,

Ularni qudrating-la yiqit, darbadar qil,

Yo Rabbiy, bizning qalqonimiz!

13Og‘izlaridan chiqqan gunohli so‘zlar,

Ular o‘qigan la’nat va yolg‘onlar uchun

O‘z g‘ururlari bilan ushlab qolinsinlar.

14Nest-nobud qilgin ularni!

G‘azabing bilan qirib tashla ularni!

Ular yo‘q bo‘lsin va hamma bilsin:

Yoqub elida va ro‘yi zamin uzra

Xudo hokimi mutlaqdir.

SALOT

15Shomda ular qaytib, itlarday uvlab,

Shahar atrofini aylanib chiqadilar.

16O‘lja topmoq-chun daydib yurib,

Ochlikdan irillab tunaydilar.

17Men esam, Sening qudratingni kuylayman,

Erta tongdan inoyatingni tarannum etaman.

Chunki Sen menga minora bo‘lgansan,

Xavfli kunimda panohim bo‘lgansan.

18Ey qudratim, Seni tarannum etaman.

Xudodir mening mustahkam qal’am,

U mendan mehr-inoyatini ayamaydi.

 

59–SANO

 

Isroil xalqining kulfat va g‘alabalari

 

IJROCHILAR RAHBARIGA. «LOLAGUL SHAHODATI» KUYIGA. TA’LIM UCHUN. DOVUD ARAM-NAHARAYIM VA ARAM-SO‘BO MARDUMI BILAN JANG QILGANDAN KEYIN YO‘OB QAYTIB, O‘N IKKI MING EDO‘MLIKNI TUZ DENGIZI VODIYSIDA URGANI HAQIDA DOVUDNING YARATGAN SHE’RI.

 

 

1-3Ey Xudo,

Sen bizlarni tashlab qo‘yding,

Saflarimizni yorib bosding,

Bizlardan g‘azablanding.

Koshki bizlarga yana yuz tutsang!

4Sen mamlakatni larzon aylading,

Yerni darz-darz qilib yubording.

Yer yuzi yakson-talqon bo‘ldi,

Yoriqlarini tiklamoq-chun davo topgin!

5Xalqingga og‘ir kulfatlar keltirding,

Bizga zaqqumli sharobni ichirding.

6O‘zingdan qo‘rqqanlarga tug‘ berginki,

Uni haqiqat yo‘lida baland ko‘tarsinlar!

SALOT

7O‘z sevganlaring xalos bo‘lsinlar,

Kuchli qo‘ling bilan qutqargin bizni,

Quloq solgin bizga!

8Xudo O‘zining muqaddas makonida so‘zladi:

«Men Shakamni tantana ila taqsimlayman,

Sukkot vodiysini esa o‘lchab olaman.

9Gil’ad Meniki, Manashe ham Meniki.

Efraim – boshimdagi dubulg‘a,

Yahudo – saltanatim hassasi.

10Mo‘ov – yuvinadigan tosimdir.

Edo‘m ustiga etigimni bosaman,

Filistiya uzra g‘alaba e’lon qilaman».*

11Mustahkam shaharga meni kim eltadi?

Edo‘mga meni kim kuzatib boradi?

12Ey Xudo, O‘zing bizni tashlab qo‘ymadingmi?

Qo‘shinlarimiz bilan chiqmayapsan-ku, ey Xudo!

13Yovga qarshi kurashda bizga yordam bergin,

Chunki bashariyat najoti bema’nilikdir!

14Biz Xudo nomi bilan botirlik qilamiz,

Dushmanlarimizni U tor-mor etadi.

 

60–SANO

 

Jabrlangan odamning duosi

 

IJROCHILAR RAHBARIGA. DOVUDNING CHOLG‘ULI SANOSI.

 

 

1-2Ey Xudo, dod-faryodimni eshitgin,

Toat-ibodatimga quloq solgin!

3Mening dilim qon bo‘ldi-ku,

Yerning olis burchidan Seni chaqiraman.

O‘zimdan baland qoyaga meni olib chiqqin!

4O‘zing menga panoh bo‘lgansan-ku,

Yovga qarshi mustahkam minora bo‘lgansan.

5Sening chodiringda boqiy qolarman,

Qanotlaring soyasida osoyish toparman.

SALOT

6Ey Xudo,

Mening nazr-niyozimni O‘zing eshitding,

Xudojo‘ylar nasibasiga meni noil etding.

7Podshoh kunlariga kunlar qo‘shgin,

Uning umri ayyomi davrlarcha davom etsin!

8U Sening huzuringda abadiy tursin,

Ey Xudo, amr bergin-kim,

Inoyat va haqiqat unga yor bo‘lsin doim!

9Men Sening ismingni mangu kuylayman,

Atagan nazrlarimni kundan-kun bajo etaman.

 

61–SANO

 

Yolg‘iz panoh – Xudo

 

IJROCHILAR RAHBARIGA. YEDUTUNGA* BAG‘ISHLANGAN DOVUD SANOSI.

 

 

1-2Xudo oldida mening qalbim tinch,

Faqat Undan kelar menga najot.

3O‘zidir suyanchig‘im, najotkorim,

Mustahkam qal’am mening;

Men tebranmasman mutlaqo.

4Qachongacha hammangiz erga yopirilasizlar?

Go‘yo egilgan paxsa, qiyshaygan g‘ov bo‘lganday,

Unga qaqshatqich zarba berasizlar.

5Uning nomiga dog‘ tushirishni ko‘zlab,

Yolg‘on-yashiq gapga ruju qo‘yasizlar.

Ularning og‘zidan-ku xayr duo to‘kilur,

Lekin yuraklarida zahru la’nat to‘qilur.

SALOT

6Xudo oldida tinchlan, qalbim mening,

Faqat Undandir mening umidim.

7O‘zidir suyanchig‘im, najotkorim,

Mustahkam qal’am mening;

Men tebranmasman hech qachon.

8Najotim va izzatim Xudodan kelur,

Xudodir qudratli qoyam, panohim mening.

9Har dam Unga umid bog‘lang, ey mardum,

Uning oldida yuraklaringizni oching;

Xudodir bizning panohimiz.

SALOT

10Odamzod-ku – bir nafasgina,

Bekzoda-chi – bir yolg‘ondir.

Ular ikkovi tarozida tortilsa,

Nafasdan ham yengil bo‘lib chiqarlar.

11Talonchilikka umid bog‘lamang,

O‘g‘irliq-la behuda maqtanmang,

Davlat oshib ketsa, unga ko‘ngil qo‘ymang!

12Xudo bir daf’a so‘zladi,

Men ikki karra eshitdim:

Qudrat Xudodan kelur, deya.

13Inoyat ham Sendan kelur, yo Rabbiy,

Sen har kishini qilmishiga yarasha taqdirlaysan.

 

62–SANO

 

Sog‘ingan ko‘ngilga Xudo darmon

 

YAHUDO CHO‘LIDA BO‘LGANDA DOVUDNING O‘QIGAN SANOSI.

 

 

1-2Ey Xudo, Sen mening Tangrimsan,

Erta sahardan Seni izlayman,

Senga tashnadir jon-dilim.

Qurib, charchab, suvsiz qolgan tuproqday

Vujudim Seni qo‘msab qiynalmoqda.

3Muqaddas makoningda Senga intizor bo‘lib,

Qudrating va jamolingni ko‘ray deb turibman.

4Sening inoyating hayotdan ham afzaldir,

Sening madhingni tildan qo‘ymayman.

5Umrim bo‘yi Senga sanolar o‘qib,

Sening noming-la ko‘kka cho‘zaman qo‘llarim.

6Ilik va charvidan to‘ygandek jonim to‘yar,

Lab-dahanim esa Seni tarannum etar.

7Yotganimda Seni xotirlayman,

Kechalari Seni chuqur o‘ylayman.

8Qanotlaring soyasida tarannum etaman,

Chunki Sen menga yordam berib kelding.

9Jon-dilim ila Senga bog‘langanman,

Sening o‘ng qo‘ling meni qattiq ushlar.

10Biroq jonimga qasd qilganlar esa

Yerning qa’riga tushib ketgaylar.

11Ular qilich tig‘idan halok bo‘lg‘ay,

Chiyabo‘riga o‘lja bo‘lg‘aylar.

12Podshoh bo‘lsa Xudodan shod bo‘lg‘ay.

Xudo nomi ila ont ichgan barcha

Shu ko‘yi iftixor topar;

Illo yolg‘onchilar og‘zi kuyar.

 

63–SANO

 

Tuhmatchi fitnasiga qarshi munojot

 

IJROCHILAR RAHBARIGA. DOVUD SANOSI.

 

 

1-2Ey Xudo, hasratli ovozimni eshitgin,

Dushman dahshatidan meni omon saqlagin!

3Yomon odamlarning fitna-fasodidan,

Badkirdorlar g‘avg‘osidan meni himoya qilgin!

4Ular tillarini shamshirday qayrab,

O‘q uzganday zaharini sochadilar.

5Sofdil odamni pistirmadan poylab,

Hech qo‘rqmasdan, nogahon uni otadilar.

6Ular yovuz niyatlarida qattiq turadilar,

Domlarini yashirish uchun til biriktirib:

«Ishimizni kim ham ko‘radi?» – deydilar.

7Ular yovuzlik rejalarini tuzib:

«Rosa boplabmiz-da shu ishni!» – deydilar,

Odamning yurak-bag‘rini chuqur kovlaydilar.

8Biroq Xudo ularga o‘q otib,

Nogahon ularni yaralaydi.

9O‘zlarining tillari orqali

Xudo ularni yo‘ldan qoqintiradi;

Ularni ko‘rgan barcha ulardan qochadi.

10Butun odamzod vahm olib:

Buni Xudo qilgan, deb tan oladilar,

Xudoning faoliyatini fahmlab oladilar.

11Solihlar Xudovanddan shodligu panoh topur,

Barcha yuragi poklar esa U bilan iftixor etur.

 

64–SANO

 

Yeru ko‘k ne’matlari uchun shukrona

 

IJROCHILAR RAHBARIGA. DOVUD SANOSI. QO‘SHIQ.

 

 

1-2Ey Xudo, Sen Sion maqtovlariga munosibsan,

Senga atalgan nazr-niyozlar bajo bo‘lg‘usi.

3Sen ibodatni eshitguchisan,

Senga keladi barcha banibashar.

4Gunohli ishlar meni yengmoqda,

Qonunsizlik aybimizni Sen o‘chirgaysan.

5Saodatlidir unday kishi-kim,

Sen uni ma’bading hovlisiga kiritib,

O‘z huzuringga sazovor bilasan!

Biz Sening uying farovonligidan,

Muqaddas ma’bading barakasidan qoniqaylik.

6Ey Sen, bizning najotkor Xudoyimiz!

Sen bizga mahobatu adolat ila javob berasan,

Ey Sen, yerning to‘rt burchi-yu,

Olisdagi dengizlarning umidi!

7O‘z qudrating-la tog‘larni o‘rnatgansan,

Sening libosing – haybat.

8Sen dengizlar shov-shuvini,

To‘lqinlar gumburlashini,

Xalqlar shovqin-suronini tinchitasan.

9Yer yuzi burchaklarida yashovchilar

Sening g‘aroyibotlaringni ko‘rib qo‘rqadilar.

Sen kunchiqar va kunbotar yerlarini ham

O‘z sha’ningga tarannum ettirasan.

10Sen yerni ziyorat etib, suvga qondirasan,

Unga mo‘l-ko‘lchilik ato qilasan.

Xudoning daryosi suv bilan to‘lib-toshadi.

Sen yerni shunday yaratding-kim,

Odamlar uchun g‘alla hosil etsin.

11Dala jo‘yaklariga suv tarab,

Kesaklarini O‘zing tekislaysan.

Tuprog‘ini yomg‘ir bilan yumshatib,

Unib-o‘suviga baraka berasan.

12Yilning mo‘l-ko‘lchiligi ta’minlanar,

Sening izlaringdan farovonlik kelar.

13Cho‘ldagi o‘tzorlar ham suvga qonib,

Tepaliklar shodlik tusiga burkanar.

14Yaylovlarga chorva yoyilar,

Vodiylarda bug‘doy to‘lg‘anar.

Ular bari sevinchdan o‘ynoqlab,

Tantana bilan kuylaydilar.

 

65–SANO

 

Ibodatni eshitgan Xudoni kuylash

 

IJROCHILAR RAHBARIGA. CHOLG‘ULI XONISH.

 

 

1Ey butun yer yuzi,

Xudo sha’niga tantana qiling!

2Uning ulug‘ ismini kuylang,

Shon-shuhratini yuksaltiring!

3Xudoga aytingiz-kim:

Sening ishlaring qanday qo‘rqinchli!

Qudrating buyukligi tufayli,

Dushmanlaring Senga bo‘yin egarlar.

4Butun dunyo Senga sajda qilsin,

Seni tarannum etsin, ismingni kuylasin!

SALOT

5Keling-da, Xudo yaratganlarini ko‘ringlar!

U bani-insonga ne-ne mudhish ishlar ko‘rsatdi!

6U dengizni quruqlikka aylantirdi,

Bani-Isroilni bahrdan piyoda o‘tkazdi;

Shul kez biz Undan chog‘ bo‘ldik.

7U O‘z qudrati bilan abadiy hukm surar,

Ko‘zlari xalqlarga diqqat bilan boqar,

Isyonchilar esa qad ko‘tarmas aslo!

SALOT

8Ey xalqlar, Xudoyimizga sanolar o‘qing,

Unga tahsin-tasannolar yog‘diring!

9Bizning jonimizni O‘zi barhayot saqlagan,

Oyog‘imizning toyib ketishiga yo‘l bermagan.

10Sen bizni sinab ko‘rding, ey Xudo,

Kumushni tozalaganday bizni tozalading.

11Bizlarni to‘rga ilintirib,

Belimizga og‘ir yuk qo‘yding.

12Insonni boshimizga mindirding,

Bizni o‘tga ham, suvga ham itqitding,

Tag‘in bizni farovonlikka erishtirding.

13Men Sening uyingga borib,

Qurbonliklar keltirib beraman,

Atagan nazr-niyozlarimni bajo etaman.

14Qayg‘uli kunlarimda o‘z og‘zim bilan

Bu haqda Senga va’da bergan edim.

15Sening sha’ningga qo‘chqorni so‘yaman,

Dumba moyini kuydirib tutataman,

Buqalaru takalarni bag‘ishlayman.

SALOT

16Kelingiz, tinglangiz, ey siz,

Barcha Xudodan qo‘rqadiganlar!

Jonim uchun U nelar qilganini hikoya etayin.

17O‘z og‘zim bilan Uni chaqirar edim,

Tildan qo‘ymas edim hamdu sanosin.

18Dilimda terslik bo‘lsaydi gar,

Rabbim meni tinglamas edi.

19Holbuki Xudo menga quloq soldi,

Duoyu ibodatlarim ijobat bo‘ldi.

20Xudo ibodatimni rad etmadi,

Darig‘ tutmadi mendan inoyatin.

Unga shon-sharaflar bo‘lsin!

 

66–SANO

 

Barcha xalqlar Xudoga shukr qilsin

 

IJROCHILAR RAHBARIGA. SOZLI SANO. QO‘SHIQ.

 

 

1-2Ey Xudo,

Bizga mehribon bo‘l, duo qilgin bizni,

Munavvar yuzingni ustimizga porlatgin!

SALOT

3Yer yuzi bo‘ylab rohing ma’lum bo‘lsin,

Barcha xalqlar bilib olsin najoting!

4Ey Xudo, xalqlar Senga shukr qilsin,

Barcha xalqlar Senga shukrona aytsin.

5Ellar bari sevinib tarannum etsin.

Elatlarni Sen adolat ila hukm etasan,

Yer yuzidagi qavomlarga yo‘l ko‘rsatasan.

SALOT

6Ey Xudo, xalqlar Senga shukr qilsin,

Barcha xalqlar Senga shukrona aytsin.

7Mana, yer o‘z hosilini berdi,

Xudo, bizning Xudoyimiz bizni duo qildi.

8Ha, Xudo bizni doim duo qilsin, toki

Yer yuzining to‘rt burchagi Undan qo‘rqsin!

 

67–SANO

 

Muzaffar Xudoga qaratilgan madhiya

 

IJROCHILAR RAHBARIGA. DOVUD SANOSI. QO‘SHIQ.

 

 

1-2Xudo ko‘tarilsin, yovlari to‘zisin,

G‘animlari Uning oldidan qochib ketsin!

3Sen ularni tutunday tarqatib yubor!

Otashda mum qanday erib ketsa,

Fosiqlar Xudo oldidan shunday yo‘q bo‘lsin!

4Solihlar bo‘lsa sevinsinlar,

Xudo huzurida shodiyona qilsinlar,

Quvonch bilan tarannum etsinlar!

5Qani, Xudoga kuylar ayting,

Uning ismini tarannum eting!

Bulut Chavandozini yuksaltiring!*

Uning nomi – Xudovanddir,

Xursandchilik qiling huzurida!

6Xudo O‘zining muqaddas makonidadir,

U yetim-yesirlarning Otasidir,

Tul ayollarning Himoyachisidir.

7Xudo yolg‘izlarga uy-joy beradi,

Zanjirbandlarni ozodlikka chiqaradi;

Isyonkorlar esa quruq cho‘lda qolaveradilar.

8Ey Xudo,

Sen O‘z xalqing oldiga chiqayotganingda,

Biyobonda kezib qadam otayotganingda,

SALOT

9Xudo oldida, Isroilning Tangrisi oldida

Yer larzaga keldi, Sinay* tog‘i tebrandi,

Hatto falak ham erib sel bo‘ldi.

10Sen diyoringga baraka yomg‘irini yog‘dirding,

Tetiklading-da holdan ketganda, ey Xudo.

11Ummating u diyorda istiqomat qilganda,

Bechorahollarga O‘z ne’matingni hozirlading, ey Xudo!

12Rabbano e’lon qilmoqda,

Mujda keltirayotgan qizlar – ulkan qo‘shin:

13«Sarkardayu shohlar to‘zday to‘zg‘ib ketyapti,

Uyda qolgan ayollar o‘ljani taqsimlashyapti».

14Nahot siz qo‘ralar* aro yotaverasiz?

Kaptarning* qanotlari kumush ila qoplangan,

Parlari yaltiroq oltin kabi tovlanar.

15Jabbor diyoridan shohlarni to‘zitganda,

Zulmon tog‘ini qor yog‘ib bosdi.

16Bashan tog‘i – Xudoning tog‘i,

Bashan tog‘i – yuksak tog‘dir.

17Xudo makonim deb tanlagan Sion tog‘iga

Nechun siz g‘ilay qaraysiz, yuksak cho‘qqilar?

Mana, Xudovand unda abadiy davr surar!

18Xudoning jang arobalari ming-mingu lak-lak,

Ular ichra Rabbimiz O‘zi kelyapti;

U muqaddas makoni – Sinay tog‘idadir.

19Sen yuksaklikka chiqib, asirlarni asir olding,

Insonlar aro hadyalar qabul qilding,

Toki hatto osiy bandalar ham

Sendan panoh topsin, yohu Xudovando!

20Har kuni Rabbimizni olqishlang!

Xudo bizga og‘irlik qo‘ysa-da,

Bizni O‘zi xalos qiladi.

SALOT

21Xudo biz uchun Xaloskor Tangridir,

Qodir Rabbimiz qo‘lidadir o‘limdan najot.

22Xudoning O‘zi yovning boshini ezib tashlar,

Gunohi bilan gerdayib yurgan sochli kallani majaq qilar.

23«Bashandan qaytaraman, – dedi Rabbano, –

Dengiz tubidan qaytaraman seni.

24Oyog‘ingni yovning qoniga bulagaysan,

Itlaring ham qon yalab-yalab to‘ygay!»

25Ular Sening tantanavor yurishlaringni,

Yo Xudoyo, ey Tangrim, ey Podshohim,

Sening muqaddas makonga chiqishingni ko‘rdilar.

26Oldinda xonandalar, orqada sozandalar,

O‘rtada childirmachi qizlar yurishardi.

27Ey sizlar, Isroil urug‘i bo‘lganlar,

Yig‘inlarda Xudoyi Taologa sanolar o‘qing!

28Mana kenja Benyamin ularning yo‘lboshchisi,

Ular aro tumonat Yahudo amirlari bor,

Zavulun va Naftoli* beklari ham hozir edi.

29Xudoying senga kuch atab qo‘ygan.

Bizga yaratganingni amalda ko‘rsat, yo Xudoyo!

30Quddus tepasidagi ma’badingdan boshlab

Podshohlar Senga hadya keltiradilar.

31Qamishzorda* yashovchi yovvoyi hayvonni,

Xalqlar buzoqlari ichidagi buqalar galasini cho‘chitgin!

Kumush yombilari ila yasanib yelib borayotgan

Jangovar xalqlarni O‘zing to‘zitib yuborgil!

32Misrdan hudaychilar keladi,

Habashlar Xudoga qo‘l cho‘zadi.

33Ey yer yuzi sultonliklari, Xudoni kuylang,

Rabbimiz sha’niga xonish aylang!

SALOT

34Osmonu falak yuksakligiga mingan,

Azaliy samovotdan tushgan Chavandozni kuylang!

Mana, U O‘z ovoziga kuch berib xitob qilar.

35Xudoning qudratiga tan beringlar!

Uning salobati Isroilning ustidadir,

Kuch-qudrati esa bulutlarda namoyondir.

36Xudo O‘zining muqaddas makonida vahimalidir,

U Isroilning Tangrisidir,

O‘z xalqiga quvvat va g‘alaba baxsh etar.

Xudoni olqishlang!

 

68–SANO

 

Ma’yusning fig‘oni

 

IJROCHILAR RAHBARIGA. «LOLAGUL» KUYIGA. DOVUD SANOSI.

 

 

1-2Qutqargin meni, ey Xudo!

Suvlar halqumimga qadar yetdi.

3Chuqur botqoqlikka botganman,

Oyoq qo‘yadigan joyim yo‘q.

Tubsiz girdob og‘ushida qoldim,

Sel meni olib keta yozdi.

4Men faryod qilaverib charchadim,

Tomog‘im qurib ketdi,

Xudoni kutib ko‘zim nuri so‘ndi.

5Mendan nohaq nafratlanayotganlar

Boshimdagi sochlardan ham ko‘p bo‘ldi-ku!

Menga behuda xusumat qilayotganlar juda zo‘r,

Ular meni xomush qilmoqchilar.

Men hech na olmagan bo‘lsam ham,

Qaytarib berishga majbur etyaptilar.

6Ey Xudo, aqlsizligimni O‘zing bilasan,

Aybdorligimni Sendan yashirmayman.

7Yo Rabbiy, Sarvari koinot,

Senga umid qilganlar uyatga qolmasin,

Men sababli, ey Isroil Xudosi,

Tavakkal qiluvchilar bo‘lmasin xijolat!

8Men Sen deb haqoratga chidayapman,

Xijolatdan yuzim shuvut.

9Aka-ukamga, o‘z onamning o‘g‘illariga

G‘aribu begona bo‘lib qoldim.

10Sening uyingga bo‘lgan rashkim

Mening ichimni kemiryapti.

Seni tahqir qiluvchilarning haqorati

Mening boshimga tushdi.

11Yig‘lab, ro‘za tutib jonimni qiynasam,

Bu ham haqorat sanaldi menga.

12Qanorni* o‘zimga ust-bosh qilganimda,

Ular uchun afsona bo‘ldim.

13Shahar kirishida o‘tirganlar og‘ziga tushdim,

Mayxo‘rlar taronasiga hadaf bo‘ldim.

14Ey Xudovand, Sen lutf qilgan chog‘ing

Ibodatimni Senga yo‘llayman,

Ey Xudo, Sening inoyating behad ekan,

Menga qat’iy najot yuborgin!

15Meni balchiqdan chiqarib qo‘y, botib ketmayin!

Mendan nafratlanayotgan odamlardan,

Chuqur suvlardan xalos bo‘layin!

16Sel suvlari meni olib ketmasin,

Tubsiz chuqurlik meni yutmasin,

Quduq og‘zi ustimdan yopilmasin!

17Menga quloq bergin, ey Xudovand!

Sening lutfu karaming beqiyos,

Rahmdilliging esa behisob ekan,

Menga e’tibor bergin!

18Yuz o‘girma qulingdan,

Kulfatdaman, menga tez javob bergin!

19Yaqinroq kelib, jonimni xalos qilgin,

Menga najot ber, dushmanlarim uyalsin!

20Boshimga ne-ne haqoratlar tushdi,

Qanchalik rasvoyu sharmisor bo‘ldim, O‘zing bilasan!

Yovlarimning hammasi Sening ko‘z o‘ngingda.

21Sharmandalikdan yuragim qon bo‘ldi,

O‘lar holatda darmonsizman.

Shafqat kutdim, ammo behuda;

Tasalli qidirdim, lekin topmadim.

22Yemagim uchun menga zahar berdilar,

Tashnaligimda menga sirka ichirdilar.

23O‘z dasturxonlari ularga qopqon bo‘lsin,

O‘z hamsuhbatlari ularga tuzoq bo‘lsin!

24Ularning ko‘z nuri so‘nib qolsin,

Bellari doim titraydigan bo‘lsin!

25Sen g‘azabingni ularning boshiga soch,

Qahringga duchor qil ularni!

26Ularning maskani huvullab qolsin,

Chodirlarida tirik jon qolmasin!

27Sendan jafo chekkanlarni ular quvadi,

Sen yaralagan odamlarning yarasini esa

Qayta-qayta kovlaydilar.

28Ularning gunohiga gunoh qo‘shgin,

Ularni mutlaqo oqlamagin!

29Hayot kitobidan o‘chirilsinlar,

Solihlar bilan birga yozilmasinlar!

30Men-ku bechoraman, azobdaman;

Ey Xudo, O‘z najoting ila meni tiklagin!

31Qo‘shig‘imda Xudoning nomini sharaflayman,

Shukronalar bilan Uni ulug‘layman.

32Ana shu har qanday tuyoqli, shoxli buqadan

Yoki ho‘kizdan ko‘ra Xudovandga maqbul keladi.

33Haqirlar buni ko‘rib sevinadilar.

Ey, barcha Xudoga intilayotganlar,

Sizning dilingizga yana jon kirsin!

34Xudovand bechoralar fig‘onini eshitar,

Asir tushgan O‘z azizlarini xor qilmas.

35Yer ham, ko‘k ham, dengizlar ham,

Unda qaynaydigan bor maxluqotlar ham

Xudoga hamdu sanolar aytishsin!

36Zero Xudo Sionga najot yuborib,

Yahudo shaharlarini obodon qilajak.

Ular diyorni egallab, tinch yashashajak.

37Xudo qullarining nasli unga o‘rnashajak,

Xudo nomini sevguchilar unda huzur topajak.

 

69–SANO

 

Dushman qo‘lidan qutulish uchun iltijo

 

IJROCHILAR RAHBARIGA. DOVUDNING ESDALIGI.

 

 

1-2Yo Xudoyo Xudovando, yordam bergin,

Meni xalos qilmoqqa shoshilgin!

3Jonimga qasd qilganlar sharmanda bo‘lsin,

Yuzlari shuvut bo‘lsin!

Menga yomonlikni istaganlar orqaga qaytib,

Rasvoi olam bo‘lsinlar!

4Menga: «Ehe, eha!» – deganlar

Sharmandalikdan parishon bo‘lsinlar!

5Barcha Seni qidiruvchilar quvonib,

Sendan xursand bo‘lsinlar!

Sening najotingni orzu qilganlar:

«Xudo ulug‘dir!» – desinlar mudom.

6Men ersam, bechora va faqirman,

Ey Xudo, menga tez kelgin!

Sensan yordamchim va Qutqaruvchim,

Kech qolmagin, ey Xudovand!

 

70–SANO

 

Qariganda Xudodan yordam so‘rash

 

1Ey Xudovand, Seni panoh tortib kelaman,

Abadiy sharmanda bo‘lmayin!

2Adolating xotiri uchun menga najot bergin,

Qulog‘ingni men tomonga tutgin,

Toki kulfatdan qochib xalos bo‘layin!

3Sen men uchun suyanar qoya bo‘lgin,

Doim qochib berkinar joyim bo‘lgin!

Meni qutqarmoqqa amr bergansan-ku,

Yakka O‘zingsan mening suyanchig‘im, qo‘rg‘onim!

4Ey Xudoyim,

Qutqar meni fosiq odamlardan,

Nopoku tajovuzkorlar panjasidan!

5Mening umidim Sensan-ku, yo Rabbiy,

Yoshligimdan beri ishonchimsan, ey Xudovand!

6Tug‘ilganimdan buyoq Senga suyanganman,

Onam qornidan O‘zing yorug‘ dunyoga chiqarding,

Seni qanchalar madh qilsam ozdir.

7Men ko‘plar nazarida ajib bo‘lib qoldim,

Illo Sen mening qudratli panohimsan.

8Savlating kun bo‘yi ko‘z o‘ngimda mening,

Hamdu sanoying tushmas tilimdan mening.

9Qarigan chog‘imda meni tashlab ketma,

Quvvatim bitganda meni tark etma!

10Dushmanlarim menga qarshi til birkitmoqda,

O‘zaro kengashib, jonimga qasd qilmoqdalar.

11«Xudo uni tashlab qo‘ygan, deyaptilar,

Quvib yetib tutinglar uni,

Uni qutqaradigan qolmabdi-ku».

12Ey Xudo, mendan uzoqlashma,

Menga yordam bermoqqa shoshgin, ey Xudoyim!

13Jonim dushmanlari sharmanda bo‘lsin, yo‘qolsin!

Menga yomonlikni ravo ko‘rganlar uyalsin,

Rasvoi olam bo‘lsinlar!

14Menga qolsa, doim Senga umid bog‘layman,

Senga maqtovlarni oshiraveraman.

15Sening adolatingni kun sayin hikoya etaman,

Najotkorligingni tildan qo‘ymayman mutlaqo.

Sinoatlaringni qancha bayon etsam ozdir!

16Men Rabbimning kuch-qudratiga suyanib boraman,

Sening haqiqatingdan bo‘lak hech na tilga olmasman, ey Xudovand.

17Yoshligimdanoq O‘zing meni o‘rgatgansan, ey Xudo,

Hozirga qadar mo‘jizalaringni xabarlab yuraman.

18Ey Xudo, men qartayganimda ham,

Sochimga oq tushganda ham meni tark etma,

Toki shu naslga Sening qudratingni bayon etay,

Kelajak avlodga esa botirligingni e’lon etay!

19Ey Xudo, osmonday yuksakdir adolating,

Sen ulug‘ ishlar bajargansan.

Sen kabi kim bor, ey Xudo?

20Sen meni ko‘p yomon falokatlarga yo‘liqtirding,

Endi qayta jonlantirgin meni!

Yerning qa’ridan qaytarib chiqargin meni!

21Meni yana yuksaltirib, taskin bergin!

22Ey Xudo, Senga shukrlar deyman,

Sening sadoqatingni changda kuylayman,

G‘ijjak chalib Seni kuylayman,

Ey Isroilningmuqaddas Tangrisi!

23Men Seni tarannum etaveraman,

Lab-dahanim Seni kuylayversin,

Sen qutqargan jonim ham kuylasin.

24Adolatingni tildan qo‘ymasman aslo.

Menga yomonlik istaganlarni qarang,

Ular sharmandayu, yuzlari shuvut bo‘ldi!

 

71–SANO

 

Ulug‘ Podshohning tinchlik hukmronligi

 

SULAYMON SANOSI.*

 

 

1Ey Xudo,

Podshohga O‘z haqqoniyatingni ato qilgin,

Shahzodaga Sening adolating yor bo‘lsin!

2U Sening xalqingni haqqoniyat bilan,

Faqirlaringni insof ila hukm etsin.

3Toki tog‘lardan elga osoyishtalik,

Tepalardan adolat oqib kelsin.

4U elning faqirlarini himoya qilsin,

G‘arib-g‘urabolarni xalos etsin,

Zolimni esa ezib tashlasin!

5Quyosh balqib, oy chiqib turguncha,

Barcha nasllar sendan qo‘rqqaylar.

6O‘ti o‘rilgan maysazorga tushuvchi yomg‘ir kabi,

Tuproqni sug‘oradigan ko‘k tomchilari singari

Shoh diyorga barakat keltirgay.

7U hukm surgan ayyomda solih yashnagay,

Oy yo‘q bo‘lguncha tinchlik-osoyish bo‘lgay.

8Dengizdan dengizga qadar,

Daryodan* to yer chetlarigacha U hukm surgay.

9Cho‘l xalqi Uning oldida egilajak,

Dushmanlari tuproqni yalayajak!

10Tarshish* va orollar shohlari Unga boj keltirajak,

Shabo va Sabo* shohlari Unga hadya berajak.

11Hamma podshohlar Unga sajda qilajak,

Barcha millatlar Unga xizmat qilajak.

12Zero U dodlab yurgan faqirni,

Homiysi yo‘q qashshoqni qutqarur.

13Bechorayu miskinlarga rahmdillik ko‘rsatur,

Faqirlarning joniga ora kirur.

14Hiylagar va zo‘ravondan ularni ozod qilur,

Nazarida ularning qoni juda qadrli bo‘lur.

15U uzoq yashasin!

Unga Shabo oltinidan berilsin!

Doimo U uchun duo qilgaylar,

Kundan-kun Uni olqagaylar!

16O‘lka bo‘ylab bug‘doy hosili mo‘l bo‘lgay,

Lubnon o‘rmonlariday bo‘lgay hosili,

Tog‘u tepa boshlarida hilpillagay.

Shahar ahli esa yerdagi maysa kabi chechak otgay.

17Shohimiz nomi mangulikka turajak,

Quyosh turguncha dong‘i oshajak.

Barcha xalqlar U orqali baraka topajak,

Hamma ellar Uni muborakbod etajaklar.

18Mo‘jizaviy ishlarni yolg‘iz O‘zi bajaruvchi

Isroilning Tangrisi, Xudoyi Taoloni olqishlang!

19Uning ulug‘vor ismiga abadiy ofarinlar bo‘lsin,

Butun yer yuzi Uning shuhrati bilan to‘lsin!

Omin! Omin!

20Ishay o‘g‘li Dovudning ibodatlari shu bilan tugadi.

 

72–SANO

 

Solih bilan fosiqning qismati

 

ASAF* SANOSI.

 

 

1Isroilga, ha, barcha dili poklarga

Xudo doim himmatlidir.

2Mening esa oyoqlarim qoqila yozib,

Tovonlarim toyishiga oz qolgan edi.

3Men fosiqlar sog‘lomligini ko‘rdim,

Maqtanchoqlar holiga g‘ashim keldi.

4Ular o‘lgundek iztirob chekmaydi,

Tanlari esa soppa-sog‘lomdir.

5Ularda xalq dardi yo‘q,

Boshqa odamlarday baloga yo‘liqmaydilar.

6Gardanlariga mag‘rurlik munchog‘in taqib,

Zo‘ravonlik libosiga bezanganlar.

7Ko‘zlari semizlikdan qisilib qolgan,

Ko‘ngillaridagi xayollar daydib yuradi.

8Mazax bilan, kek saqlab gapiradilar,

Kibr ham, jabr ham tushmas tillaridan.

9Og‘izlarini ko‘kka ko‘targanlar,

Zabonlari esa yerda sudralmoqda.

10Hatto Xudo xalqi ular tomon yuz burmoqda,

Ularda suv ko‘p ekan, ichgan qonar ekan.

11«Tangri qayerdan biladi?

Taoloda bilim bormikan?» – deydilar.

12Ana shundaydir betavfiqlar,

Bu dunyoda rohat-farog‘atdadirlar,

Davlatlari tobora oshib boradi.

13Men bekorga pok saqlabman yuragim,

Halol qo‘lim-la ishlamog‘im behuda ekan!

14Men har kuni kulfatga yo‘liqaman,

Subhdan-subhga adabimni yeyapman-ku!

15Agarda shunday so‘zlayman, deganimda,

Sening o‘g‘illaring nasliga xoinlik qilar edim.

16Buni qanday tushunish kerak deb o‘ylaganimda,

Bu menga ovoragarchilikday tuyuldi –

17To Tangrining aziz makoniga kirib,

Ularning xotimasini tushunib olgunimcha..!

18Ha, Sen ularni toyg‘oq yerlarga qo‘yding,

Bexosdan tubi yo‘q jarlikka uloqtirarsan.

19Ular nogahon dong qotib qolar,

Dahshatdan supurilib, barham topar.

20Uyg‘onganda tush qanday esdan uchib ketsa,

Sen, yo Rabbiy, ularni shunday uyg‘otib,

Bema’ni xayollarini barbod qilasan.

21Mening yuragim qaynab turganda,

Jon-tanim azobda qolganda,

22Men nodon va johil bo‘lib qoldim,

Sening oldingda hayvon kabi edim.

23Biroq men doim Sen bilanman,

Sen mening o‘ng qo‘limdan tutib turasan.

24Maslahating ila menga yo‘l ko‘rsatib,

Oxirida meni sharaf ila qabul qilasan.

25Osmonda kimim bor Sendan bo‘lak?

Yerda ham Sendan o‘zgasini istamayman.

26Badanim, yuragim holdan ketmoqda,

Illo Xudo abadiy dilim suyanchig‘idir,

Ezgulik qismatim Uning O‘zidir.

27Mana, Sendan uzoqda qolganlar yo‘qolur,

Senga xoinlik qilgan har bir kishini nobud etasan.

28Lekin men uchun Xudoga yaqinlashmoq yaxshidir.

Uning barcha ishlarini targ‘ib qilay deyman,

Xudoyi Taoloni o‘zim uchun panoh bilaman.

 

73–SANO

 

Ma’badni xarob qilganlardan nolish

 

ASAF QASIDASI.

 

 

1Ey Xudo, Sen nechun bizni abadiy rad qilding?

Nega O‘z yayloving qo‘ylariga qarshi qahring o‘t oldi?

2Qadimdan sohib bo‘lgan ummatingni eslagin,

O‘z xalqim deb qo‘lga kiritgan millatni,

Maskanim deb tanlagan Sion tog‘ini ayagil!

3Shu bepoyon xarobaga qarab odim otib boravergin:

Dushman ma’badingga qanchalik vayronagarchilik keltirgan!

4Aziz makoning o‘rtasida yovlaring na’ra tortib,

Tug‘ deb o‘z sanjoqlarini o‘rnatdilar.

5Ular xuddi daraxtga bolta urgandek,

Sening aziz makoningni boltalab tashladilar.

6Ma’badning hamma yog‘och bezaklarini

Boltayu tabarlar-la chopib tashladilar.

7Ma’badingni otashga berdilar,

Isming o‘rin olgan aziz joyni haromladilar.

8«Ularni batamom vayron qilamiz!»

– deb ko‘ngildan kechirdilar,

Mamlakatdagi barcha Xudo uylarini kulga aylantirdilar.

9Ilohiy alomatni topolmay qoldik,

Nabi-anbiyo ham qolmadi bizda,

Hech kim bilmaydi, qachongacha...

10Ey Xudo, qachongacha g‘anim haqorat etadi?

Dushman ismingni abadiy so‘karmikan?

11Nechun qo‘lingni, kuchli o‘ng qo‘lingni cho‘zmay turasan?

Qo‘ltig‘ingdan qo‘lingni chiqar-da, yo‘q qil ularni!

12Ey Xudo, Sen qadimdanoq mening Podshohimsan,

Zamin bo‘ylab najotlar yuborguchi Xudosan.

13Sen qudrating bilan dengizni yorib,

Ajdaho boshlarini suvda yakson qilgansan.

14Ha, Levatan* boshlarini tilka-pora qilib,

Uni cho‘l ahliga yemish uchun tashlagansan.

15Yangi chashmalaru anhorlarni yuzaga keltirib,

Doim oqib kelgan daryolarni quritib yuborgansan.

16Kunduz Seniki, kecha ham Senikidir,

Yog‘duni, quyosh nurini Sen bunyod etgansan.

17Barcha yer chekkalarini o‘rnatgan Sensan,

Yozu qishni ta’sis etgan O‘zingsan.

18Shuni eslagin, ey Xudovand,

Dushman Seni haqorat qildi,

Olchoq bir qavm Sening ismingni so‘kdi.

19Kaptaring jonini yovvoyi hayvonlarga berma,

Bechoralaring hayotini abadiy unutma!

20O‘z ahd-paymoningga e’tibor bergin,

Zero diyorimizning qorong‘u joylari

Zo‘ravonlik o‘choqlari bilan to‘lib ketgan.

21Haqiru mazlum sharmandalarcha tislanmasin,

Bechorayu kambag‘al yana ismingga sanolar o‘qisin!

22Turgin, ey Xudo, O‘z g‘oyangni himoya qilgin!

Kun bo‘yi yog‘ayotgan razillar haqoratini inobatga olgin!

23Dushmanlaringning tovushini eshitmay qolmagin,

Isyonchilar g‘ulg‘ulasi to‘xtovsiz yuksalib boryapti-ku!

 

74–SANO

 

Solihning yuksalishi haqida duo

 

IJROCHILAR RAHBARIGA. «XAROB ETMA» KUYIGA. ASAF SANOSI. QO‘SHIQ.

 

 

1-2Senga shukrlar deymiz, ey Xudo,

Shukrlar deymiz, chunki Sening isming yaqin,

Bunga O‘z ajoyiboting guvohdir.

3«Men belgilagan vaqtning o‘zida

To‘g‘rilik bilan hukm chiqaraman.

4Yer va undagi borliq jon qaltiraganda,

Uning ustunlarini O‘zim o‘rnida tutaman».

SALOT

5Manmanchilarga deyman: Manmanlik qilmang!

Muguzingizni ko‘tarmangiz, ey fosiqlar!

6Ko‘kka ko‘tarmangiz muguzlaring,

Kekkayib gapirmang-da g‘oz yurib!

7Zotan na Sharqdan, na G‘arbdan,

Na cho‘llardan odamga yuksaklik kelur.

8Hokimi mutlaq faqat Xudodir,

Birovni yerga urar, birovni yuksaltirur.

9Mana, Xudovandning qo‘lida kosa bor,

Unda sharob ko‘pirib qaynar;

Shu kosadan U quyar-da,

Zamindagi jami betavfiqlarga ichirar,

Ular ichib-ichib, quyqasini ham yalab chiqar.

10Shuni men abadiy xabar qilaman,

Yoqubning Xudosiga tarannum etaman.

11Fosiqlarning hamma shoxlari qirqilgusi,

Solihlar muguzi esa yuksalib borgusi.

 

75–SANO

 

Xudoning adolatli hukmini kuylash

 

IJROCHILAR RAHBARIGA. ASAF SANOSI. SOZLI QO‘SHIQ.

 

 

1-2Yahudo yurtida Xudo ma’lumdir,

Isroilda Uning nomi buyukdir.

3Salimda* Uning makoni bo‘lgan,

Sionni O‘ziga maskan qilib olgan.

4O‘sha yerda U lovullagan o‘qlarni sindirib,

Qalqonu, shamshiru jang yarog‘larin

Yakson qilgan edi.

SALOT

5Sendan nur yog‘ilib turadi,

Vahshiy tog‘lardan ham bahaybatsan.

6Dili botirlar o‘lja bo‘lib,

O‘lim uyqusiga yo‘liqdilar;

Erlarning hech biri qo‘liga mador topolmadi.

7Ey Yoqub Xudosi, Sening tanbehingdan

Arava ham, ot ham karaxt bo‘lib ketdi.

8Sen, ha Sen – dahshatlisan;

G‘azabing kelganda oldingda kim tura olar?

9Osmondan hukmingni bildirganingda,

Yer qo‘rqib, sukutga cho‘mdi.

10Ey Xudo, Sen hukm etmoqqa turganingda,

Yerdagi barcha mazlumlarga qutulish umidi keldi.

SALOT

11Insonlar qahri Senga hamdu sanoga aylanadi,

Qolgan g‘azabni esa Sen bo‘ysundirasan.

12Rabbingiz Xudovandga nazr atab,

Uni bajo keltiringlar!

Ey, barcha Uning atrofida bo‘lganlar,

Dahshatli Xudoga hadya keltiringlar!

13U amirlar ruhini bo‘ysundirur,

U dunyo podshohlari uchun qo‘rqinchlidur.

 

76–SANO

 

Xudovand O‘z xalqini tashlab ketmas

 

IJROCHILAR RAHBARIGA. YEDUTUNGA BAG‘ISHLANGAN ASAF SANOSI.

 

 

1-2Ovozim boricha Xudoga faryod qilaman,

Ovozim Xudoga yetib boradi,

U quloq soladi menga.

3Og‘ir kunimda Rabbimga iltijo qilaman,

Tun bo‘yi qo‘limni uzatib, tushirmayman,

Jonim esa tasallini rad qiladi.

4Xudoni eslab, titrayapman,

Andisha qilib, jonim holdan toymoqda.

SALOT

5Sen ko‘z yumishimga yo‘l bermayapsan,

Yuragim siqilib, so‘zlay olmayman.

6Men eski kunlarni,

O‘tgan davrlarni o‘ylamoqdaman.

7Kechalari chalgan ohanglarimni eslab,

O‘z qalbim ila suhbat qilaman,

Ruhim so‘rab-surishtirmoqda:

8Nahotki Rabbimiz abadiy tashlab qo‘yar,

Boshqa hech qachon lutf-karam qilmas bizga?

9Nahotki Uning inoyati tamoman ado bo‘lgan,

Kelgusi nasllarga yana vahiy kelmas bo‘lsa?

10Nahotki Tangri shafqat qilishni unutgan,

Rahmdillik manbaini g‘azabi to‘sib qo‘ygan bo‘lsa?

SALOT

11Taoloning o‘ng qo‘li o‘zgargani –

Bu mening dardimning boisi, dedim.

12Men Xudovandning ishlarini xotirlayman,

U azaldan yaratgan barcha mo‘jizalarini eslayman.

13Sening butun amallaring haqida fikr yurgizib,

Ko‘rsatgan ajoyibotingni chuqur o‘ylayman.

14Ey Xudo, Sening yo‘ling muqaddasdir,

Xudomizdan ulug‘ iloh kim ekan?

15Mo‘jizakor Tangri faqat Sensan,

Xalqlar aro qudratingni bildirgansan.

16O‘z xalqingni kuchli qo‘ling-la ozod etib,

Yoqub va Yusuf o‘g‘illarini qutqargansan.

SALOT

17Suvlar Seni ko‘rdi, ey Xudo,

Suvlar Seni ko‘rdi-da qo‘rqdi,

Tubsiz ummonlar larzaga keldi.

18Bulutlar yomg‘irin quydi,

Samoda momaqaldiroq gumburladi,

O‘qlaring to‘rt tomonga uchib ketdi.

19Dovul ichidan chaqmog‘ing gumburladi,

Barqlaring dunyoni yoritib yubordi,

Yer yuzi qaltirab ostin-ustin bo‘ldi.

20Sening yo‘llaring dengizdan o‘tdi,

Rohlaring azamat suvlardan kechdi.

Izlaring esa – noma’lumdir.

21Muso va Horun qo‘li bilan Sen

Xalqingni suruv kabi yetaklab bording.

 

77–SANO

 

Sadoqatsiz xalq, sadoqatli Xudo

 

ASAF QASIDASI.

 

 

1Ey xalqim, Qonunimga diqqat eting,

Og‘zimdan chiqqan o‘gitlarni tinglang!

2Masal aytmoq-chun og‘iz ochaman,

Azaliy sirlarni bayon etaman.

3Eshitgan hamda bilganlarimizni,

Ota-bobolarimiz bizga aytganlarini

4O‘z o‘g‘il-nabiralarimizdan yashirmaylik,

Kelajak naslga ham xabar etaylik

Xudovandning shon-shuhratiyu buyuk qudratin,

Uning ko‘rsatgan barcha mo‘jizalarin.

5U Bani-Yoqub uchun nizom o‘rnatgan,

Isroil o‘g‘illariga Tavrotni yo‘llagan.

O‘g‘illaringizga ularni o‘rgating deb,

Ota-bobolarimizga buni amr etgan-kim,

6Kelgusi nasl, tug‘ilajak o‘g‘illar ham bilsin,

Ular esa o‘z davrida o‘z o‘g‘illariga o‘rgatsin.

7Toki ular Xudoga umid bog‘lasinlar,

Tangri yaratgan ajoyibotni unutmasinlar,

Amr-farmonlariga esa amal qilsinlar.

8Zinhor, ota-bobolarimiz kabi o‘jar va isyonkor,

Yuragi tosh, Xudoga sadoqatsiz nasl bo‘lmasinlar.

9O‘q-yoy bilan qurollangan Efraim* o‘g‘illari

Jang kunida orqaga qaytdilar.

10Ular Xudo buyurgan ahdni tutmadilar,

U yuborgan Tavrot yo‘lidan yurmoq istamadilar.

11Uning ajoyibotini esdan chiqarib,

Ko‘rsatgan mo‘jizalarini unutdilar.

12Misr diyorida, So‘an dashtida

Ularning ota-bobolari oldida

Xudo mo‘jizalar ko‘rsatgan edi:

13Dengizni yorib, o‘rtasidan ularni o‘tkazdi,

Suvlarni bir devor kabi qilib qo‘ydi.

14Kunduzi bulut bilan ularni yetaklar,

Tunlari esa otash yorug‘i ila yo‘l ko‘rsatar edi.

15Ular uchun cho‘l-biyobonda qoyalarni yorib,

Katta girdobday suv chiqarib berdi.

16U qoyalardan oqizgan suvlar

Ulkan daryoga aylanib qoldi.

17Ammo ular gunoh qilishda davom etib,

Sahroda Xudoyi Taoloni g‘azablantirdilar.

18Nafslariga qarab ovqat talab qilib,

Ko‘ngillarida Tangrini sinab ko‘rdilar.

19Xudoga qarshi so‘zlab, shunday dedilar:

«Tangri cho‘lda dasturxon yozolarmikan?

20Darvoqe, U qoyani yorib suv chiqazgan,

Shunda selday suvlar oqqan edi.

Ammo nahot xalqiga non ham berar,

Go‘sht ham hozirlay bilar ekan?»

21Xudovand bularni eshitib g‘azablandi,

Bani-Yoqubga o‘t-suv bo‘ldi,

Isroilga qarshi jahlga mindi.

22Chunki ular Xudoga inonmadilar,

Tan bermadilar-da najotkorligiga.

23Shunga qaramay, U yuqoridan bulutlarga amr etdi,

Osmon qopqalarini ochib yubordi.

24Yemoq uchun ularga manna* yog‘dirdi,

Ha, samoviy g‘alla berdi ularga.

25Odamzod farishtalar nonini yedi,

Ularga to‘yguncha ozuqa yubordi.

26Ko‘k yuzidan U sharq shamolini qo‘zg‘atdi,

Qudrati bilan janub yelini estirdi.

27Ularning ustiga to‘zondek go‘sht yog‘dirdi,

Dengizdagi qumday qush-parranda shay qildi.

28Ular manzilining o‘rtasigayoq,

Chodirlari atrofigacha bularni yog‘dirdi.

29Ular qorni to‘yguncha yeb-ichishdi,

Nafslari qonguncha, ularga berdi.

30Hanuz ishtahalari uzilmagan,

Luqmalari hamon og‘izlarida ekan,

31Ularga qarshi Xudo qahri keldi,

U Isroil yigitlarini qirdi,

Eng baquvvatlarini o‘ldirdi.

32Shunga qaramay, ular yana gunoh qildilar,

Xudovandning mo‘jizalariga inonmadilar.

33U ularning kunini ovoragarchilikda,

Umr yillarini dahshat ichida bitirdi.

34Tangri ularni o‘ldirayotganda ular o‘girilib,

Tongdanoq Uning huzuriga yugurishar edi.

35Xudo ularning najot qoyasi bo‘lganini,

Xudoyi Taolo ularni qutqarib kelganini eslardilar.

36Lek og‘izlari-la Unga xushomad qilar,

Tillari-la Unga yolg‘on so‘zlardilar.

37Uning oldida yuraklari qiyshaygan edi,

Buyurgan ahdiga bevafolik qildilar.

38Shunga qaramay, U rahmdillik ko‘rsatdi,

Gunohlaridan o‘tib ularni halok etmadi.

Necha martalab qahrini ulardan qaytarib,

Butun g‘azabini birdan to‘kmadi.

39U bilar ediki, ular o‘tkinchi maxluqdir,

Chiqib ketib, qaytib kelmas nafasginadir.

40Necha martalab cho‘lda Uning g‘ashini keltirdilar,

Dasht-biyobonda Uni g‘azablantirdilar!

41Ular Xudoni qayta-qayta sinadilar,

Isroilning muqaddas Tangrisini ranjitdilar.

42Ular Uning qudratli qo‘lini,

Ularni jabr-zulmdan qutqargan kunini,

43Uning Misrda ko‘rsatgan ajoyibotini,

So‘an dashtida ko‘rgazgan g‘aroyibotini esdan chiqardilar.

44Xudo Nil daryosini qonga aylantirdi,

Misrliklar suv icholmay qoldi.

45Ularni chaqsin deya hasharot galasini yubordi,

Qirib bitirsin deya qurbaqalarni yo‘lladi.

46Ularning hosilini chigirtkaga berdi,

Mehnatlari samarasini qurtlarga yedirdi.

47Uzumzorlariga do‘l yog‘dirdi,

Tut-anjirlarini yax bilan xarob etdi.

48Hayvonlarini do‘lga duchor qildi,

Podalarini barq otashiga berdi.

49Ularga qarshi qahr-g‘azabi o‘t oldi,

Boshlariga jahl, zug‘um, balolar keltirdi,

Talay qiruvchi malaklarni ham yubordi.

50Tangri O‘z g‘azabiga yo‘l ochdi-yu,

O‘limdan saqlamadi ularning jonini,

Vaboyu qirg‘inga topshirdi mollarini.

51Misrda har bir to‘ng‘ich farzandni urdi,

Hom* chodirlaridagi bor erkaklik g‘ururini yo‘qotdi.

52Xudo O‘z xalqini qo‘ylar kabi haydab chiqardi,

Cho‘lda ularni suruv kabi yetaklab bordi.

53Ularni bexatar boshlab bordi, ular qo‘rqmadi,

Dushmanlari esa dengizga ko‘mildi.

54Ularni O‘zining muqaddas o‘lkasi hududiga,

O‘ng qo‘li egallagan bu toqqa keltirdi.

55O‘z oldidan el-elatlarni quvib chiqardi,

Isroil avlodlariga u yerni meros qilib berdi,

Ularni yovning chodirlarida joylashtirdi.

56Ular esa hali ham Xudoyi Taoloni sinab, xafa qilardilar,

Nizom-qoidalariga rioya etmasdilar.

57Otalari kabi orqaga qaytib xoinlik qildilar,

O‘qi adashgan kamon kabi egri ketdilar.

58Tepadagi sanamlarga topinib Uni xafa qildilar,

O‘yma butlarga sajda qilib rashkini qo‘zg‘atdilar.

59Xudo buni eshitib g‘azabga mindi,

Isroildan juda qattiq achchiqlandi.

60Odamzod ichra U olgan O‘z o‘rnini,

Shilo‘da* qurgan maskanini tashlab qo‘ydi.

61O‘z shonu shavkatin asirlikka mubtalo qildi,

Dushmanlar qo‘liga berdi O‘z sharafin.

62O‘z xalqini qilichga topshirdi,

O‘z mulkidan g‘azabi keldi Xudoning.

63Ularning yigitlarini o‘t yoqib bitirdi,

Qizlari nikoh qo‘shiqlarini aytmay qoldi.

64Ruhoniylari qilichdan o‘tkazildi,

Tul xotinlari yig‘layolmay qoldi.

65O‘sha vaqt Rabbim uyqudan turgan kabi,

Sharobdan kayf qilgan botirday uyg‘ondi.

66Dushmanlariga zarba berib orqaga qaytardi,

Ularni abadiy sharmandalikka duchor qildi.

67Xudo Yusuf qavmini rad etgan,

Efraim naslini tan olmagan bo‘lsa-da,

68Lekin Yahudo avlodini tanlab oldi,

O‘zi sevgan Sion tog‘ini sayladi.*

69O‘zining aziz makonini falak kabi yaratdi,

Yer kurrasiday mangu o‘rnatdi uni.

70Xudo O‘z quli Dovudni tanlab,

Uni qo‘y qo‘ralaridan olib chiqdi.

71O‘zining xalqi bo‘lgan Bani-Yoqubni,

O‘ziga ayirib olgan Isroilni boshqarmoq uchun,

Dovudni mol boquvchilikdan ozod qilib yuksaltirdi.

72U esa dil sofligi ila ularga cho‘pon bo‘ldi,

Mahoratli qo‘llari-la ularga boshchilik qildi.

 

78–SANO

 

Quddus nolasi

 

ASAF SANOSI.

 

 

1Yot xalqlar Sening diyoringni bosib oldi,

Muqaddasma’badingni murdor qildilar,

Quddusni xarobaga aylantirdilar, ey Xudo.

2Qullaring jasadini yem uchun ko‘k qushlariga,

Azizlaring etini dasht hayvonlariga berdilar.

3Quddus atrofida ularning qonini suvdek to‘kib,

Ularni ko‘madigan biror kishi ham qoldirmadilar.

4Qo‘shnilarimiz ko‘zi oldida rasvoi jahon bo‘ldik,

Atrofdagilarga kulgi va masxara bo‘ldik.

5Ey Xudovand,

Qachongacha to‘xtovsiz g‘azab sochasan?

Qachongacha rashking otashday yonaveradi?

6Seni tanimaydigan millatlar ustiga,

Ismingni tilga olmaydigan o‘lkalar uzra

Qahringni to‘kib tashlagin!

7Ular Yoqubning boshini yeb yutdilar,

Uning yurtini talon-taroj qildilar.

8Otalarimizning gunohlarini bizga eslatma,

Darrov rahm-shafqatingni biz tomon yo‘lla!

Chunki biz juda ham xo‘rlandik.

9Ey, najotkor Xudomiz!

Isming hurmati uchun bizga yordam bergin,

O‘z noming xotiri uchun bizni qutqargin,

Gunohlarimizdan kechib yuborgin!

10Nima uchun yot xalqlar:

«Ularning Xudosi qayerda?» – desin?

Qullaringning to‘kilgan qonlari badaliga

Xalqlardan o‘ch olgin, ko‘zlarimiz ko‘rsin!

11Mahbuslar nolasi Senga yetsin!

O‘limga mahkum bo‘lgan odamzodni

Buyuk qudrating bilan asragin!

12Yo Rabbiy,

Qo‘shnilarimiz Senga qilgan haqoratlarini

Yetti marta ko‘paytirib o‘z bag‘riga qaytargin!

13Mana bizlar – Sening xalqingmiz,

Sening yayloving qo‘ylarimiz!

Senga abadiy shukrona aytamiz,

Nasldan-naslga maqtovingni oshiraveramiz.

 

79–SANO

 

Isroilni qayta tiklash uchun munojot

 

IJROCHILAR RAHBARIGA. «LOLAGUL» SHAHODATI. ASAF SANOSI.

 

 

1-2Ey Isroilning Cho‘poni, bizni tinglagin!

Zuhur etgin, ey, Yusufni suruvday boshqargan,

Malaklar ustida taxt qurgan Xudo!

3Efraim, Benyamin, Manashe avlodlari oldida

O‘z qudratingni namoyon qilgin,

Bizni qutqarishga kelgin!

4Ey Xudo, bizni asl holimizga keltirgin,

Munavvar yuzingni ko‘rsatgin,

Bizlar najot topaylik!

5Ey Xudovand, Sarvari koinot,

Qachongacha xalqing ibodatiga darg‘azab bo‘lasan?

6Sen bizga ko‘z yoshi bilan non yedirding,

Kosa-kosa ko‘z yoshi ichirding.

7Qo‘shnilarimizning biz bilan talashuviga sabab bo‘lding,

Dushmanlarimiz bari mazax qilmoqdalar.

8Ey Xudo, Sarvari koinot,

Bizlarni asl holimizga keltirgin,

Munavvar yuzingni ko‘rsatgin,

Bizlar najot topaylik!

9Misrdan tok novdasini keltirding,

Xalqlarni quvib uni o‘tqazding.

10U uchun yer tayyorlagan eding,

U chuqur ildiz yoyib mamlakatni qopladi.

11Hatto tog‘lar ham uning soyasi ostida qoldi,

Tangri daraxtlaridaydir uning tarmoqlari.

12Uning butoqlari dengizga qadar,

Shoxlari esa Frot daryosigacha yoyilgan edi.

13Endi nega Sen uning ihotalarini buzding?

O‘tgan-ketgan uning unumini yulib tashlamoqda.

14O‘rmon to‘ng‘izlari uning ildizini yemirmoqda,

Yovon jonivorlari novdasini g‘ajib tashlamoqda.

15Ey Xudo, Sarvari koinot,

Bizga qaytib kelgin, axir!

Osmondan boqib panoh bergin,

Shu tokning ahvolini ko‘rib ketgin!

16O‘z qo‘ling bilan o‘tqazgan ko‘chatni,

O‘zing uchun o‘stirgan o‘g‘lonni asragin!

17Mana, uni chopib, otashda yondiryaptilar,

Ular Sening tanbeh-g‘azabingdan yo‘q bo‘lsin!

18O‘ng tomoningga ravo ko‘rgan mard uzra,

O‘zing uchun o‘stirgan inson o‘g‘li uzra qo‘ling bo‘lsin!

19Biz endi Sendan yuz o‘girmaymiz,

Jonimizga O‘zing jon bo‘lgin,

Toki Sening nomingni chaqirib yuraylik.

20Ey Xudovand, Sarvari koinot,

Bizlarni asl holimizga keltirgin,

Munavvar yuzingni ko‘rsatgin,

Bizlar najot topaylik!

 

80–SANO

 

Isroilni qutqargan Xudoga hamdu sano

 

IJROCHILAR RAHBARIGA. GAT SOZIDA. ASAF SANOSI.

 

 

1-2Quvvatimiz – Xudoni tarannum eting,

Yoqub Xudosiga shodlanib xitob qiling!

3Xonish qiling, childirma chaling,

Xushovoz g‘ijjak ila chang cherting!

4Yangi oyda, belgilangan vaqtda,

Bayram kunimizda burg‘u chaling!

5Chunki bu Isroilning qonunidir,

Yoqub Xudosining farmonidir.

6Xudo Misr yeriga qarshi chiqqanda,

Men tushunmaydigan bir til eshitdim,

U shuni Yusufga nizom qilib berdi:

7«Uning yelkasidagi yukini yengillashtirdim,

Qullik bo‘yinturug‘idan ozod etdim qo‘lin.

8Musibat kuni fig‘on ko‘targaningda,

Men senga najot yo‘lladim,

Guldurosli bulut ichidan senga javob berdim,

Isyongoh* suvlari bo‘yida seni sinadim».

SALOT

9«Tingla, xalqim, seni jiddiy ogohlantiraman,

Ey Isroil, koshki Menga quloq solsang!

10Orangda boshqa tangri bo‘lmasin,

O‘zga el xudosiga bosh egmagin!

11Misr diyoridan seni olib chiqqan Rabbing,

Xudovand – O‘zimdirman.

Og‘zingni katta och, Men uni to‘ldirarman».

12«Biroq xalqim gapimga quloq solmadi,

Isroil Menga bo‘ysunmoq istamadi.

13Men ularni o‘jarliklari bo‘yicha qoldirdim,

Mayli o‘z xayollari bilan borsinlar, deya».

14«Qani edi xalqim Menga quloq solsa edi,

Isroil Mening yo‘llarimdan yursa edi!

15Dushmanlarini bir onda mag‘lub qilar edim,

Jabr etuvchilari uzra qo‘limni bosar edim.

16Xudobezorlar unga laganbardorlik qilar,

Uning ezgu qismati esa mangu bo‘lar edi.

17Senga bug‘doyning a’losini yedirar edim,

Qoyadan asal oqizib seni to‘ydirar edim».

 

81–SANO

 

Insofsiz qozilardan shikoyat

 

 

ASAF SANOSI.

 

1Xudo ilohiy majlisda turib,

Ilohiylar* orasida hukmini yuritdi.

2Qachongacha siz nohaq hukm qilasizlar,

Fosiq odamlarga yuz-xotir qilasizlar?

SALOT

3Qashshoq va yetimning da’vosini qiling,

Bechorayu kambag‘alga insof ko‘rsating!

4Darmonsizu faqirni xalos qiling,

Fosiqlar qo‘lidan ozod eting ularni!

5Ular bilmasdan va anglamasdan zulmatda kezmoqda,

Hatto yerning negizlari larzon urmoqda.

6«Men aytdim: Sizlar xudolarsiz,

Hammangiz ham Taoloning o‘g‘illarisiz.

7Shunga qaramay, inson kabi o‘lasizlar,

Har qanday rais kabi yiqilasizlar».

8Turgin, ey Xudo, yer yuzini hukm etgin!

Barcha xalqlarning Sohibi Sensan-ku!

 

82–SANO

 

Isroilning dushmani – Xudoning dushmani

 

ASAF SANOSI. QO‘SHIQ.

 

 

1-2Ey Xudo, indamay turmagin,

Jim bo‘lma, sukutda qolma, ey Tangrim!

3Mana Sening dushmanlaring to‘polon qilmoqda,

Xudobezorlar bosh ko‘tarmoqdalar.

4Sening xalqingga suiqasd qilmoqdalar,

O‘z himoyangga olganlaringga qarshi

Mug‘ombirona kengash o‘tkazmoqdalar.

5«Yuringlar, ularni millat sifatida yo‘q qilaylik,

Isroil nomi boshqa esga olinmasin!» – deyaptilar.

6Ular bir jon, bir dil bo‘lib,

Senga qarshi ittifoq tuzdilar.

7Mana, Edom va Ismoil chodirlari,

Bani-Mo‘ov va hajriylar,

8Jabal, Ammon va Omoleq o‘g‘illari,

Filistiylar hamda Tir aholisi,

9Hatto Assiriya ham ularga qo‘shilib,

Lut o‘g‘illarini qo‘llab-quvvatlagan.

SALOT

10Sen Qisho‘n darasida midyonliklarni,

Shohlari Sisaro va Yobinni to‘ntargan eding,

Endi xuddi shunday ularni to‘ntarib yuborgin!

11Ular-ku Ayn-Do‘rda poymol bo‘lgan edilar,

Ha, yer uchun go‘ngga aylangan edilar.

12O‘rib va Zaibga qanday muomala qilgan bo‘lsang,

O‘zlariyu ulug‘lariga xuddi shunday muomala qilgin;

Beklari Zavoh va Salmunoga qanday qilgan bo‘lsang,

Ularning jami sarkardalarini ham shu ko‘yga solgin!

13«Xudo o‘tloqlarini o‘zimizga mulk qilib olamiz!»

– deb aytishgan edi-ku ular.

14Ey Xudoyim, ularni quyundagi to‘zonday,

Uyurmadagi somon kabi uchirib yuborgin!

15Alangada o‘rmon yongani kabi,

Olov tog‘larni kuydirgani kabi,

16Sen bo‘ron chaqirib ularni haydab tashla,

Boshlariga to‘fon keltirib dahshatga solgin!

17Sening nomingga rijo etishlari uchun

Ularning yuzini shuvut qilgin, ey Xudovand!

18Ular abadiy sharmandayu sarosima bo‘lsin,

Rasvoi jahon bo‘lsinlar, yo‘qolsinlar!

19Bilsinlarki, Sening isming – Xudovand,

Butun dunyoda eng oliy yolg‘iz Sensan.

 

83–SANO

 

Xudovand huzurini sog‘inish

 

IJROCHILAR RAHBARIGA. GAT SOZIDA. QO‘RAH O‘G‘ILLARI SANOSI.

 

 

1-2Ey Xudovand, Sarvari koinot,

Sening maskanlaring qanday azizdir!

3Xudovand huzurini* sog‘inib ko‘nglim ado bo‘ldi,

Jonu tanim barhayot Tangrini tarannum etadi.

4Mana, qushcha ham o‘ziga qo‘nolg‘a topgan,

Qaldirg‘och palaponlarim uchun joy topay deya,

Sening qurbongohlaring aro uyasin qurgan,

Ey Xudovand, ey Sarvari koinot,

Mening Podshohim va Xudoyim!

5Sening uyingda manzil topganlar baxtlidir!

Ular tinimsiz Senga hamdu sano aytadilar.

SALOT

6Dil so‘qmoqlari Sen tomon burilgan,

Seni quvvatim deb bilgan odamlar baxtli!

7Hasrat vodiysidan o‘tar ekanlar,

Uni chashmazorga aylantiradilar,

Baraka yomg‘irlari esa unumini oshirar.

8Ular qadam bosgan sari kuchayaverib,

Sionda Xudoning huzurida hozir bo‘ladilar.

9Ey Xudoyi Taolo, Sarvari koinot,

Ibodatimni tinglagin!

Quloq solgin, ey Yoqub Xudosi!

SALOT

10Ey Xudo, bizning Himoyachimiz,

Tanlagan Podshohingga iltifot-la qaragin!

11Ma’bading hovlisida o‘tgan bir kun

Boshqa ming kundan afzaldir,

Fosiqlar chodirida yashagandan ko‘ra,

Xudoyim uyi eshigida turganim yaxshidir.

12Xudovandi karim quyosh va qalqondir,

Inoyat va izzat baxsh etadi Xudovand;

To‘g‘ri yurganlardan darig‘ tutmas ne’matin.

13Ey Xudovand, Sarvari koinot,

Baxtlidir Senga umid bog‘lagan inson!

 

84–SANO

 

Xudovandning lutfiga muhtoj xalq

 

IJROCHILAR RAHBARIGA. QO‘RAH O‘G‘ILLARI SANOSI.

 

 

1-2Ey Xudovand,

Sen O‘z diyoringga iltifot ko‘rsatib,

Bani-Yoqubni asoratdan qaytargansan.

3Xalqingning gunohidan o‘tib,

Barcha ayblarini kechirgansan.

SALOT

4Butun g‘azabingni qo‘yningga solib,

Lovullab yonayotgan qahringdan tushgansan.

5Ey, najotkorimiz Xudo!

Yana bizni asl holimizga keltirgin,

Bizga qarshi jahlingni barham ber!

6Nahot bizga abadiy g‘azablanib,

Avlodlarcha qahringni sochaverasan?

7Nahot xalqing Sendan shodlanmog‘i-chun,

Bizni qaytadan jonlantirmaysan?

8Ey Xudovand, lutf-karamingni ko‘rsatib,

Bizlarga najot bergin!

9Tangri Taolo nelar so‘zlayotir,

Quloq solayin: U O‘z xalqiga,

O‘zining ahli mo‘miniga tinchlikdan so‘zlayotir,

Toki ular yana tentaklikka qaytmasinlar.

10Xudotarslar najoti juda yaqindir,

Diyorimizda izzat-hurmat qaror topgay.

11Inoyat va haqiqat uchrashgay,

Adolat va tinchlik o‘pishgay.

12Haqiqat yerdan unib chiqqay,

Adolat esa ko‘kdan yoqqay.

13Xudovand barakatin bergay,

Diyorimiz hosilin bergay.

14Adolat Uning oldidan yurgay,

Qadamlarini yo‘lga solgay.

 

85–SANO

 

Tashvishli kunda mehribonlik tilash

 

DOVUDNING IBODATI.

 

 

1Qulog‘ingni men tomon tutib,

Javob bergin, ey Xudovand;

Chunki men faqir va miskinman.

2Jonimni asragin, negaki xudojo‘yman.

Senga umid qilgan qulingni qutqargin, yo Xudoyim!

3Menga mehribon bo‘l, ey Xudovand,

Men har kun Senga yolvormoqdaman.

4Qulingning ko‘nglini sevintirgin,

Senga, yo Rab, ko‘ngil bog‘laganman.

5Sen muruvvatli va kechirimlisan, ey Xudovand,

Barcha Seni chaqirganlarga karaming cheksizdir.

6Mening ibodatimga quloq solgin,

Hasratli ovozimni eshit, ey Xudovand!

7Musibat kunida Seni chaqiraman,

Chunki Sen menga javob berasan.

8Xudolar orasida Senga o‘xshashi yo‘q,

Ishlaringning tengi ham yo‘q, ey Xudovand.

9Sen yaratgan barcha xalqlar kelib,

Sening huzuringda sajda qiladilar,

Ismingni sharaflaydilar, ey Xudovand.

10Zero Sen juda buyuksan,

Mo‘jizalarni paydo qilasan.

Yolg‘iz Sen – Xudosan.

11O‘z yo‘lingni menga o‘rgatgin, ey Xudovand,

Toki haqiqat so‘qmog‘ingda yurayin,

Ismingdan qo‘rqmoq-chun yuragim butun bo‘lsin!

12Yo Rabbim, chin yurakdan Senga shukr deyman,

Abadiy ismingni sharaflayman, yo Xudoyim!

13Sen menga buyuk inoyat ko‘rsatding,

Tubandagi do‘zaxdan jonimni qutqarding.

14Takabbur odamlar menga qarshi ko‘tarilgan,

G‘addorlar to‘dasi jonimga qasd qilgan, yo Xudo,

Ular Seni xayollariga ham keltirmaydi-ku!

15Ammo Sen mening Rabbimsan,

Rahmdil va mehribon Tangrimsan.

Sen juda uzoq sabrlisan,

Inoyating va sadoqating ham ko‘p.

16Men tomonga yuz burib, mehribon bo‘lgin!

Shu qulingga quvvat bergin,

Kanizaging o‘g‘liga najot bergin!

17Baxtim uchun bir alomat yaratgin,

Toki mendan nafratlanganlar buni ko‘rib,

Sharmanda bo‘lsinlar!

O‘zing mening yordamchimsan-ku, ey Xudovand,

Menga tasalli berib kelasan.

 

86–SANO

 

Sionning abadiy shon-sharafi

 

QO‘RAH O‘G‘ILLARI SANOSI. QO‘SHIQ.

 

 

1Poydevori aziz tog‘lardadir Sionning!

2Barcha Yoqubning maskanlaridan ko‘ra,

Xudovand sevadi Sion darvozalarin.

3Seni zo‘r ehtirom ila tilga olurlar,

Ey Xudoning shahri!

SALOT

4Tanishlarim aro Misr* ila Bobilni eslaturman,

Filistiya, Tir, Habashiston haqida so‘ylashib:

«Mana bu odam o‘sha yerda tug‘ilgan», – derlar.

5Sionga esa shunday aytajaklar:

«Har bir kishi o‘sha yerda tug‘ilgan,

Xudoyi Taolo O‘zi uni mustahkamlagan».

6Xudovand xalqlarni ro‘yxatga olgan paytda:

«Falon kishi bu yerda tug‘ilgan», – deb yozib qo‘yajak.

SALOT

7Xonandayu cholg‘uchilar tarannum etishajak:

Mening barcha manbalarim Sendadir, deb.

 

87–SANO

 

O‘limga yaqinlashganning iltijosi

 

QO‘RAH O‘G‘ILLARI SANOSI. QO‘SHIQ. IJROCHILAR RAHBARIGA. «QAYG‘U-ALAM» KUYIGA. EZRAHLIK HEYMAN* QASIDASI.

 

 

1-2Ey Xudovand, najotkorim Xudo,

Kecha-kunduz Senga nola qilib turaman.

3Ibodatim oldingga yetib ijobat bo‘lsin,

Faryod-fiG‘onimga quloq solgin!

4Chunki musibatlardan jonim to‘ygan,

O‘liklar diyoriga yaqinlashgandir hayotim.

5Go‘rga ketayotganlar bilan bir sanalaman,

Madori qurigan odamday bo‘lib qoldim.

6O‘liklar orasiga tashlanganman,

Qabrda yotgan tig‘ qurbonlaridayman.

Sen ularni boshqa eslamaysan,

Ular yiroq tushgan qo‘lingdan.

7Sen meni chuqurlik tubiga qo‘yding,

Zulmat, zimziyo mag‘oraga tashlading.

8G‘azabing ustimga og‘ir yukday cho‘kdi,

Mavju sellaring ila meni ezib qo‘yding.

SALOT

9Tanishlarimdan meni uzoqlashtirding,

Ularni mendan jirkantirding;

Qamalganman, chiqa bilmayman.

10Azob-uqubatdan ko‘zlarim xiralashdi,

Har kun Seni chorlayman, ey Xudovand,

Qo‘llarimni Senga qarata cho‘zib yotaman.

11O‘liklarga mo‘jiza ko‘rsaturmikansan?

Marhumlar turib Senga shukr qilurmikan?

SALOT

12Nahotki qabrda Sening lutfu karamingni,

Talafot diyorida haqiqatingni maqtasalar?

13Nahotki zulmatda, unutilganlar diyorida

Sening ajoyib, odil ishlaringni bilsalar?

14Biroq men Senga faryod qilyapman, ey Xudovand,

Subhdanoq ibodatim Seni qarshilar.

15Ey Xudovand, nega jonimni rad qilding?

Ne sababdan mendan yuz o‘girding?

16Men g‘aribman, yoshligimdan boshlab so‘nmoqdaman;

Sening dahshatlaringni ko‘raverib holdan toydim.

17G‘azabing o‘ti ustimdan o‘tib jonimni o‘rtadi,

Vahimalaring meni tamoman xazon qildi.

18Selday bo‘ldi-ku meni o‘rab olganlar,

Kun bo‘yi meni iskanjaga olmoqdalar.

19Mahbubu do‘stimni mendan yiroqlashtirding,

Tanishim qorong‘ulikka ko‘milib qoldi.

 

88–SANO

 

Xudo Dovud bilan qilgan abadiy ahd

 

EZRAHLIK EYTAN* QASIDASI.

 

 

1-2Ey Xudovand,

Sening mehr-inoyatingni abadiy kuylayman,

Tildan qo‘ymasman haqiqating-da to abad.

3Inoyating mangu asoslangan, dedim,

Sadoqating falakda mustahkamlangan.

4Sen degan eding-kim:

«Men O‘z tanlaganim ila ahd tuzganman,

Qulim Dovudga qasamyod qilganman:

5Sening zurriyotingni abadiylashtiraman,

Taxtingni nasldan-naslga o‘tkazaman», deb.

SALOT

6Ey Xudovand, ko‘k Sening ajoyibotingni kuylasin,

Malaklar* jamoatida haqiqatingga tan berilsin!

7Osmonu falakda Xudovandga tengi bormikan?

Ilohiy zotlar* ichra Xudovand kabi bormikan?

8Malaklar majlisida Tangri bir haybatlidir,

Atrofidagilarning hammasi uchun qo‘rqinchlidir.

9Ey Xudovand, Sarvari koinot,

Sen kabi qudratli kimdir?

Sadoqating butun atrofni egallagan, ey Xudovand!

10Dengiz mavj urganda, Sen hukmronsan,

To‘lqinlari ko‘tarilganda, ularni Sen tinchitasan.

11Rahab* bilan jang qildingu tor-mor qilding,

Kuchli qo‘ling-la dushmanlaringni to‘zitib yubording.

12Osmon Seniki, yer ham Senikidir,

Dunyo va uning borlig‘ini Sen bunyod etgansan.

13Shimol va Janub tomonlarni Sen yaratgansan,

Tobur va Hermo‘n tog‘lari ismingni kuylar.

14Sening qudrat-iqtidoring mislsizdir,

So‘l qo‘ling kuchli, o‘ng qo‘ling muzaffardir.

15Taxting asosi adolat va haqqoniyatdir,

Inoyat va sadoqat esa doim huzuringdadir.

16Ey Xudovand, baxtlidir unday xalqki,

G‘oliblarcha tantana qilishni biladi,

Sening yuzing nuri bilan yuradi!

17Isming ila xalq kun sayin sevinar,

Adolating orqali el yuksalib borar.

18Xalqing quvvatiyu savlati faqat Sensan,

Sening roziliging ila biz g‘alaba qozonamiz.

19Bizning qalqonimiz yolg‘iz Xudovanddir,

MuqaddasIsroil Xudosining amridadir shohimiz.

20Qadimda Sen o‘z azizingga vahiy yuborib degansan:

«Men bir botirga yordam yo‘lladim,

El orasidan arzandamni yuksaltirdim.

21Qulim Dovudni topdim,

Muqaddas moyim-la uni surkadim.

22Qo‘lim abadiy unga yor bo‘lur,

O‘zim unga kuch-quvvat beraman.

23Dushman uni yengib olmas,

Mug‘ombir unga sitam bermas.

24Yovlarini uning ko‘z o‘ngida qulataman,

G‘animlarini yer bilan yakson qilaman.

25O‘z sadoqatim va inoyatim unga yor bo‘lar,

Mening nomim bilan u g‘alaba quchar.

26Uning so‘l qo‘lini dengiz uzra,

O‘ng qo‘lini esa nahrlar uzra qo‘yaman».

27«U meni chaqirib deydi-kim:

Sen – mening Otamsan,

Xudoyim, najot topadigan qoyamsan.

28Men uni to‘ng‘ich o‘g‘lim deb,

Dunyo podshohlaridan yuqori qo‘yaman.

29U uchun inoyatimni abadiy saqlayman,

U bilan ahdim sobit bo‘lgay.

30Uning zurriyotiga mangu umr berib,

Taxtini ko‘k kunlariday davom ettiraman».

31«Mabodo uning o‘g‘illari Tavrotimdan chiqib,

Qonunlarim bilan yurmasalar,

32Mabodo qonun-qoidalarimni buzib,

Amrlarimga bo‘ysunmasalar,

33Unda Men qonunbuzarlarni xivich ila,

Gunohkorlarni yara-jarohat ila jazolayman.

34Lekin o‘zidan inoyatimni darig‘ tutmay,

Sadoqatimni sira o‘zgartirmayman.

35Tuzgan ahdimni aslo buzmay,

Bergan so‘zimdan qaytmayman.

36Bir marta muqaddasligim haqi ont ichib,

Dovudga yolg‘on so‘zlarmikanman?

37Uning zurriyoti abadiy yashar,

Taxti qarshimda quyosh kabi turar.

38Ko‘k yuzidagi barhaq shohid – oy kabi,

U ham mangu sobit turar», – degan eding.

SALOT

39Biroq endi Sen darg‘azab bo‘lding,

Tanlaganingni qahr bilan siltab tashlading.

40Quling bilan qilgan ahdingni mensimay,

Uning tojini tuproqqa qording.

41Barcha devorlarini yiqitib,

Qasrlarini vayronaga aylantirding.

42Yo‘ldan o‘tayotgan barcha uni talamoqda,

Qo‘shnilari oldida u masxara bo‘ldi.

43Yovlarining qo‘llarini baland qilding,

Butun dushmanlarini sevintirding.

44Hatto qilichi uchini qaytarding,

Jangda uni qo‘llamading.

45Uning dovrug‘ini bitirding,

Taxtini esa yerga urding.

46Yoshlik kunlarini qisqartirding,

Yuzi qaro qilding.

SALOT

47Qachongacha, ey Xudovand..?

O‘zingni abadiy yashiraverasanmi?

Qachongacha g‘azabing otash kabi yonar?

48Umrim naqadar qisqa ekan, esda tutgin!

Qanday ovoragarchilik uchun yaratgansan odam bolalarin!

49Qanday er borki, yashab, o‘lim yuzi ko‘rmas ekan,

O‘liklar diyoridan esa qutqarar ekan jonin?

SALOT

50Dovudga ichgan ontingga sadoqat ko‘rsatgin,

Avvalgi lutf-karaming qayerda qoldi, yo Rabbiy?

51Quling qanchalik sharmanda bo‘lganini,

Butun qudratli xalqlarning jabr-sitamini

Qanday bag‘rimda ko‘tarib yurganimni esda tut, ey Xudovand!

52Dushmanlaring qanday tahqir etganlarini,

Tanlaganing izlarini qanday tahqir etganlarini

Esda tut, ey Xudovand!

53Xudovandga abadiy shon-sharaflar bo‘lsin!

Omin! Omin!

 

89–SANO

 

Xudoning abadiyligi, insonning foniyligi

 

XUDO ODAMI NABI MUSONING IBODATI.

 

 

1-2Yo Rabbiy,

Sen barcha nasllarimizga panoh eding.

3Tog‘lar vujudga kelmasidan oldin,

Yer va koinot bunyod bo‘lmasidan burun,

Azaldan va ilalabad Sen Tangrisan.

4Sen insonni tuproqqa qaytarasan,

«Ey odam o‘g‘illari, qaytinglar!» – deysan.

5Mana, Sening nazaringda ming yil –

O‘tib ketgan kechagi kun kabi,

Bir tun qorovulligi qadardir.

6Odamlarni selday supurib tashlaysan,

Ular uyqu singari o‘tib ketadilar,

Subhda ko‘karib chiqqan o‘tga o‘xshaydilar.

Subhda o‘t ko‘karib gul ochar,

Oqshomda esa so‘lib, qurib ketar.

7Mana, Sening qahr-g‘azabingdan

Biz vahimalanib, tugab boryapmiz.

8Sen gunohlarimizni qarshingga keltirding,

Sirli ishlarimizni yuzing nuriga chiqarib qo‘yding.

9Bor kunlarimiz Sening g‘azabing ostida o‘tdi,

Yillarimizni oh bilan boy berib qo‘ydik.

10Umrimiz muddati yetmish yil ekan,

Yoki bardamlik bersa sakson yil ekan,

Uning cho‘qqisi ham jafo va zahmatdir.

Hayot tezlik bilan o‘tar,

Mana, biz uchib ketamiz!

11G‘azabing shiddatiga kimning fahmi yetar?

Qahring dahshatini kim o‘lchar ekan?

12Kunlarimizni sanashni bizga o‘rgatgin,

Toki dono qalb egasi bo‘laylik!

13Qaytgin bizga, ey Xudovand, qachongacha..?

Qullaringga rahm aylagin!

14Subhda yana inoyating ila bizni to‘ydirgin,

Toki umrimiz boricha shod bo‘lib kuylaylik.

15Bizni ranjitgan kunlar evaziga,

Baloga yo‘liqtirgan yillar evaziga

Bizni tag‘in sevintirgin!

16Qullaringga ulug‘ ishlaringni ko‘rsatgin,

Qullaring o‘g‘illariga ham ulug‘liging oshkor bo‘lsin!

17Yo Rabbimiz Xudo, marhamating bizga yor bo‘lsin,

Qo‘llarimizga O‘zing baraka ato etgin,

Qo‘l urgan barcha ishlarimiz o‘ngsin!

 

90–SANO

 

Qodir Tangri soyasida yashash

 

1Kimki Xudoyi Taoloning panohida yashar,

Qodir Tangri soyasida orom topar ekan,

2U Xudovandga aytadi:

O‘zingsan boshpanam, qasrim mening,

Umidim faqat Senda, ey Xudoyim!

3Xudo seni ovchi qopqonidan ham,

Vabo-qazodan ham xalos etar.

4U O‘z parlari bilan seni yopar,

Qanotlari ostida bexatar bo‘lasan;

Haqiqati senga qalqon va to‘siq bo‘lar.

5Na tungi vahimadan qo‘rqasan,

Na kunduzi uchayotgan o‘qdan,

6Na zulmatda kezuvchi vabodan,

Na qiyom chog‘i qiruvchi o‘latdan.

7Sening yoningda mingtasi yiqilib,

Tuman qulab ketsa-da o‘ng yoG‘ingda,

Balo-qazo senga yaqin yo‘lamas.

8Sen faqat ko‘zlaring bilan boqib,

Fosiqlarga berilgan jazoni ko‘rasan.

9Xudovandni panohim deb bilganing uchun,

Haq Taoloni qo‘rg‘onim deganing uchun,

10Tushmas boshingga biron-bir falokat,

Yo‘lamas chodiringga ham qandaydir o‘lat.

11U O‘z farishtalariga sen haqda amr etgay,

Toki butun yo‘llaringda seni asrasinlar.

12Ular seni qo‘llarida ko‘tarib ketar,

Oyog‘ing ham toshga qoqilib ketmas.

13Sher va bo‘g‘ma ilon ustidan bosib o‘tasan,

Arslon va ajdarni ezib tashlaysan.

14«U Menga mehr bog‘lagani-chun qutqazaman,

Nomimni tan olgani-chun omon saqlayman.

15U Meni chaqirgan choG‘ida javob beraman,

Qayg‘uli kunida u bilan birga bo‘laman,

Uni xalos etib hurmatga sazovor qilaman.

16Uzoq umr berib ko‘nglini to‘yg‘azaman,

Najotkorligimni unga namoyon qilaman».

 

91–SANO

 

Xudovandga shukr etmoq yaxshidir

 

DAM OLISH KUNI* SANOSI. QO‘SHIQ.

 

 

1-2Qanday yaxshidir Xudovandga shukr etmoq,

Sening ismingni kuylamoq, yo Rabbi Taolo!

3Subhdanoq inoyatingni xabarlamoq,

Kechalari esa sadoqatingni tan olmoq,

4O‘n torli soz va tanburda Seni kuylab,

G‘ijjakda ham ohang chalmoq yaxshidir.

5Ey Xudovand,

O‘z ijodlaring ila meni sevintirding,

Yaratganlaringdan qoyil bo‘lib kuylayman.

6Ishlaring qanday buyukdir, ey Xudovand,

Juda terandir andishalaring Sening!

7Befahm kishi buni bila olmas,

Nodon odam buni anglab yetmas.

8Betavfiqlarning o‘t kabi chechak otishi,

Hamma qonunsizlarning yashnab-gullashi

Ularning abadiy yo‘q bo‘lishi uchundir.

9Lekin Sen, ey Xudovand,

Abadulabad ulug‘vorsan!

10Dushmanlaringga qara, ey Xudovand,

Mana, dushmanlaring yo‘q bo‘ladilar,

Barcha qonunsizlar tarqalib ketadilar!

11Yovvoyi buqa qanday shoxini ko‘tarib yursa,

Sen boshimni shunday ko‘tarib yurgizasan,

Meni yog‘ing-la surtib jonimni kirgizasan.

12Yovlarim yiqilganini o‘z ko‘zim-la ko‘rdim,

O‘z qulog‘im bilan eshitdim faryodini

Menga qarshi qo‘l ko‘targan yovuz dushmanning.

13Solihlar xurmo daraxti kabi gullab-yashnar,

Lubnondagi kedr daraxtidek yuksalib ketar.

14Xudovandning uyida o‘tqazilgan barchalar

Xudoyimiz hovlilarida yayrab-yashnaydilar.

15Mo‘ysafidlikda ham mo‘l meva beradilar,

Bardam va shirador bo‘ladilar.

16Xudovandning haqligini xabar qiladilar,

Qoyam Udir, Unda nohaqlik yo‘q, deydilar.

 

92–SANO

 

Xudovand – mahobatli Hukmron

 

1Xudovand saltanat surmoqda;

Ulug‘vorlik bilan kiyingandir U,

Qudrat kamarin bog‘lab yasangandir Xudovand.

Mana, dunyo qaror topgan, u tebranmas aslo.

2Sening taxting qadimdan mustahkamlangan,

Sen azaliy O‘shasan, ey Xudo!

3Mana, daryolar shovqini, ey Xudovand,

Mana, daryolar shovqini ko‘tarildi!

Nahrlar shov-shuvi juda balandladi!

4Ko‘p suvlarning shovqinidan ko‘ra,

Azim dengiz dolg‘alaridan ko‘ra,

Yuqoridagi Xudovand juda mahobatlidir.

5Sening vahiylaring shak-shubhasizdir,

Uyingga ilalabad muqaddaslik yarashur,

Ey Xudovand!

 

93–SANO

 

Xudo dunyoni odilona hukm etadi

 

1Yo Xudovando, intiqomlar Tangrisi!

Yo intiqomlar Tangrisi, zuhur etgin!

2Ko‘tarilgin, ey yerni Hukm qiluvchi,

Mag‘rurlarning jazosini bergin!

3Qachongacha betavfiqlar, ey Xudovand,

Qachongacha betavfiqlar tantana qiladilar?

4Badkirdorlar hammasi og‘zini katta ochib,

Balandparvoz gaplar-la kekkayib yuradilar.

5Ey Xudovand, Sening xalqingni tepkilab,

Ummatingga jabr-jafo bermoqdalar.

6Beva va g‘ariblarni o‘ldirib,

Yetimlarni nobud qilmoqdalar,

7«Xudovand ko‘rmas», – deya,

«Yoqub Xudosi bilmas», – deya.

8Ey elning tentaklari, aqlga kiringlar!

Qachon hushingizni yig‘asiz, ey ahmoqlar?

9Quloqni yasagan eshitmaydimi?

Ko‘zni yaratgan ko‘rmaydimi?

10Nahotki odam bolalariga aql o‘rgatuvchi,

Xalqlarga tanbeh beruvchi Xudo fosh qilmasa?

11Xudovand insonlarni biladiki,

Ularning fikr-xayolotlari behudadir.

12Yo Xudoyo, baxtlidir O‘zing tanbeh beradigan,

Qonuning orqali aql o‘rganadigan kishi!

13Uni yomon kundan sog‘-omon saqlaysan,

To fosiq uchun chuqur qazilmaguncha...

14Xudovand O‘z xalqini tark etmas,

O‘z ummatin tashlab qo‘ymas mutlaqo.

15Chunki hukm-farmon adolatga qaytajak,

Hamma pokdillar esa uning payidan bo‘lajak.

16Yomon odamlar oldida kim meni yoqlaydi?

Badkirdorlar qarshisida kim meni oqlaydi?

17Xudovand yordamchim bo‘lmasaydi gar,

Allaqachon jonim chiqar,

Sukunat diyorida yotar edim.

18Oyog‘im qoqila yozdi, deganimda,

Lutfing meni qo‘lladi, ey Xudovand.

19Ichimda qayg‘ularim toshib borganida,

Taskinlaringdan ko‘nglim quvonchga to‘ldi.

20Qonundan qiyshiq hukmlar chiqaradigan

Insofsiz qozilarga Sen sherik bo‘larmiding?

21Ular-ku solihga qarshi hujumga yopirilib,

Begunoh qonni yerga qormoqchilar.

22Illo Xudovand mening istehkomimdir,

Ha, panoh topar qoyamdir Xudoyim mening.

23Ularning fosidligini U o‘z boshlariga solar,

O‘z yovuzliklari bilan ularni qirib tashlar;

Ha, bizning Rabbimiz – Xudovand

O‘zi ularni qirib tashlar.

 

94–SANO

 

Xudoga topinish va bo‘ysunishga undov

 

1Kelinglar, Xudovandni kuylaylik,

Najotimiz Qoyasini olqishlab xitob qilaylik!

2Uning huzuriga shukrona aytib yaqinlashaylik,

Unga sevinchli qo‘shiqlar-la xitob qilaylik!

3Chunki Xudovand – ulug‘ Tangridir,

Butun xudolar ustidan buyuk Podshohdir.

4Yerning tubsiz qa’ri Uning qo‘lidadir,

Tog‘lar cho‘qqilari ham Unga qaramdir.

5Dengiz Uniki, uni yaratgan O‘zidir,

Quruqlikni ham Uning qo‘llari bunyod etgan.

6Kelinglar, Unga yuz tuban sajda qilaylik,

Parvardigorimiz oldida tiz cho‘kaylik!

7Chunki U bizning Xudoyimizdir,

Bizlar esa – Uning yaylovining xalqi,

Uning qo‘li ostidagi qo‘ylarmiz.

Koshki bugun Uning ovoziga quloq solsangiz!

8«Cho‘lda, isyon va sinov* kunida bo‘lganday,

Yana yuragingizni tosh qilmanglar!

9O‘shanda otalaringiz Meni sinov qildilar,

Ishimni ko‘rib turib, imtihon qildilar.

10Qirq yil bu nasldan bezor bo‘lib dedim:

Bular dilidan adashgan bir qavmdir,

Mening yo‘llarimga rioya qilmadilar.

11Men g‘azablanib ont ichdimki,

Ular Mening farog‘at diyorimga kirmas».

 

95–SANO

 

Xudoni butun jahon kuylasin

 

1Xudovandga yangi qo‘shiq ayting!

Ey butun yer yuzi, Xudovandni kuylang!

2Xudovandni kuylab, ismiga sanolar o‘qing,

Najotkorligini kundan-kunga e’lon qiling!

3Shon-shuhratini xalqlar orasida xabarlang,

Mo‘jizalarini barcha ellarga bildiring!

4Xudovand buzrukvordir,

U ko‘p maqtovga sazovordir;

Barcha xudolardan ko‘ra Undan qo‘rqmoq kerak.

5Chunki barcha xalqlarning xudolari – but,

Xudovand esa osmonu falakni yaratgandir.

6Uning huzurida – savlat va mahobat,

Aziz makonida esa qudrat va hashamatdir.

7Ey xalq qabilalari, Xudovandga tan bering,

Uning shuhratiyu qudratiga tan bering!

8Xudovandning ismi sharafiga tan bering,

Siylov bilan Uning huzuriga kiring!

9Muqaddas ko‘rkda Xudovandga sajda qiling,

Butun yer yuzi Uning oldida titrasin!

10Xalqlar orasida e’lon qiling:

Xudovand – Hokimi mutlaqdir,

Dunyo qaror topgan, u tebranmas aslo.

Xalqlarni U to‘g‘rilik bilan hukm etadi.

11Osmon sevinsin, yer xursand bo‘lsin,

Dengiz va uni to‘ldirgan borliq jo‘sh ursin!

12Dalalar va ulardagi borliq jon yayrasin,

O‘rmondagi butun daraxtlar Xudovandni kuylasin!

13Chunki mana, Xudovand keladi!

U keladi-yu, yerni hukm etadi;

U koinotni O‘z adolati bilan,

Dunyo xalqlarini haqiqati ila hukm etadi.

 

96–SANO

 

Xudovandning qudrati va saltanati

 

1Xudovand Hokimi mutlaqdir.

Yer xursand bo‘lsin,

Butun orollar sevinsin!

2Bulutlar va zulumot Uning atrofidadir,

Haqqoniyat va adolat taxtining asosidir.

3Uning oldida otashu olov yugurar,

Atrofdagi dushmanlarni kuydirib tashlar.

4Uning yashinlari dunyoni yorqin qildi,

Yer buni ko‘rib titramoqda.

5Xudovand oldida,

Butun yerning Egasi oldida

Tog‘lar mumday erib ketmoqda.

6Ko‘k Uning adolatini e’lon qilar,

Ulug‘vorligini barcha xalqlar ko‘rar.

7Uyalsin barcha sanamga bosh eguvchilar,

Butlari bilan maqtanib yuruvchilar!

Hamma xudolar Haqqa sajda etsinlar!

8Ey Xudovand, odil hukmlaringni eshitgach,

Sion quvondi, Yahudo qizlari shod bo‘ldi.

9Ey Xudovand, butun yer uzra eng yuksagi Sensan,

Barcha xudolarga qaraganda Sen juda yuqorisan.

10Ey sizlar, Xudovandni sevganlar,

Yovuzlikdan nafratlaning!

Azizlarining jonini U saqlar,

Betavfiqlar qo‘lidan xalos etar.

11Solihlar yo‘liga nur sochilgay,

Dili to‘g‘rilarga xurramlik nasib etgay.

12Ey solihlar, Xudovanddan xursand bo‘ling,

Muqaddasligiga tan berib hamdu sano qiling!

 

97–SANO

 

Xudovandni kuylang!

 

SANO.

 

 

1Xudovandga yangi bir qo‘shiq ayting!

Chunki U mo‘jizalar yaratdi,

O‘zining o‘ng qo‘li, muqaddas qo‘li

Unga zafar keltirdi.

2Xudovand O‘z najotkorligini ko‘rsatdi,

Xalqlar o‘ngida odil hukmini namoyon qildi.

3Isroil xalqiga bo‘lgan inoyatu sadoqatini esladi,

Yerning to‘rt burchi Xudoyimiz najotini ko‘rdi.

4Ey butun yer yuzi, Xudovandni olqishlang,

Quvnab kuy kuylang, cholg‘u chaling!

5Xudovand sha’niga g‘ijjak chaling,

G‘ijjak chalib qo‘shiqlar ayting!

6Karnay va surnay tovushlari bilan

Podshohimiz Xudovandni kuylang!

7Dengiz va undagi barcha mavjudot,

Dunyo va unda yashaydiganlar jo‘sh ursin!

8Xudovand oldida daryolar qarsak ursin,

Tog‘lar ham qo‘shilib tarannum etsin!

9Chunki U yerni hukm etgali keladi.

U keladi-da, dunyoni adolat bilan,

Xalqlarni odillik bilan hukm qiladi.

 

98–SANO

 

Xudoyi Taoloning mutlaq saltanati

 

1Xudovand – Hokimi mutlaqdir,

Elu xalqlar titrab ketar.

Malaklar uzra saltanatlidir U,

Yer yuzi larzaga kelar.

2Sionda Xudovand buyukdir,

Barcha xalqlar ustidan oliydir.

3Sening ismingni tan olsinlar, ey Xudovand,

Ulug‘ va qo‘rqinchli, muqaddasdir isming.

4Podshohning qudrati adolatsevarlikdadir.

O‘zing to‘g‘rilikni mahkam o‘rnatgansan, yo Rab,

Bani-Yoqubga adolat va haqqoniyat ko‘rsatgansan.

5Rabbimiz – Xudovandni ulug‘lang,

Uning oyog‘iga yiqilib sajda qiling!

U – muqaddasdir.

6Uning ruhoniylari aro Muso va Horun* bor edi,

Ismini chorlaganlar ichra Shomuil* hozir edi.

Ular Xudovandni chaqirganlarida,

U ularga quloq solar edi.

7Xudo bulut ustunidan ularga so‘zlar,

Ular esa U bergan nizom-qoidalarga amal qilishar edi.

8Sen ularga quloq solar eding, yo Rabbiy.

Ey Xudovand, Sen ularning aybini kechiruvchi,

Yomon qilmishlariga yarasha jazo ham beruvchi bir Tangri eding.

9Rabbimiz – Xudovandni ulug‘lang,

Muqaddas tog‘ida Unga sajda qiling!

Chunki Rabbimiz – muqaddasdir.

 

99–SANO

 

Ahli mo‘minning Xudoga shukronasi

 

SHUKRONALIK SANOSI.

 

 

1Ey butun yer yuzi, Xudovandni olqishlang!

2Xudovandga xursandchilik ila xizmat qiling,

Huzuriga hayqiriqlar ila yaqinlashing!

3Bilingki, Xudovand – Haq Xudodir,

Uning O‘zi bizni yaratgan,

Bizlar – Unga tegishlimiz,

O‘z xalqiyu yaylovining qo‘ylarimiz.

4Ma’bad darvozalariga shukrona aytib kiring,

Maqtovlar aytib Xudoning huzuriga keling,

Unga shukr qilib, ismiga hamd – sano o‘qing!

5Chunki Xudovand ezgudir, abadiy inoyatlidir,

Sadoqati esa davrdan-davrga hukm surar.

 

100–SANO

 

Xudojo‘y podshohning duosi

 

DOVUD SANOSI.

 

 

1Lutfu karaming va adolatingni kuylab,

Seni tarannum etaman, ey Xudovand.

2Benuqsonlik yo‘li haqida fikr yuritaman.

Sen qachon men tomonga kelasan?

Xonadonim ichra sof dilim ila yuraman.

3Razil narsani ko‘z o‘ngimga keltirmayman,

Buzuqilar qilmishidan nafratlanaman,

Bunday narsa menga yopishmas aslo.

4Ters ko‘ngil mendan uzoqlashadi,

Yovuzlar bilan aloqam bo‘lmaydi.

5Do‘stini orqavorotdan g‘iybat qilganni

Men yo‘q qilaman – chiday olmayman hech

Ko‘zlari mag‘rur, o‘ziga bino qo‘ygan odamga.

6Ko‘zlarim mamlakatning mo‘minlaridadir,

Ular mening soyamda o‘rnashurlar.

Sofdil odam menga xizmat qilur.

7Hiylagarlar mening huzurimda yashamas,

Yolg‘onchilar turmas hech qarshimda.

8Sahar demay mamlakatning bari fosiqlarin

Yo‘q qilaman – quritib tashlayman-da

Badkirdorlar ildizin Xudovand shahridan.

 

101–SANO

 

Pushaymonlik fiG‘oni

 

DARD-ALAMGA BOTGAN VA ARZINI XUDOVAND OLDIGA TO‘KKAN G‘ARIBNING IBODATI.

 

 

1-2Ey Xudovand, ibodatimni eshitgin,

Faryodim Senga yetib borsin!

3Musibat kunimda mendan yuz o‘girma,

Qulog‘ingni men tomon tutgil;

Chaqirgan chog‘im menga tez javob bergin!

4Mana, kunlarim tutun kabi o‘tib ketdi,

Suyaklarim – bamisli so‘xta o‘tin!

5Yuragim quyoshdan qovjiragan o‘tdayin,

Hatto nonimni yeyishni ham unutyapman.

6Men ohu zor qilaverib,

Etim suyagimga yopishib qoldi.

7Men cho‘l-biyobonda yashovchi soqqaqushga,

Vayronalarda qo‘nuvchi boyo‘g‘liga o‘xshayman.

8Ko‘zimga uyqu kelmay qoldi,

Tom ustida yolg‘iz qolgan qush kabiman.

9Dushmanlarim har kun meni haqoratlamoqda,

Ismimni tahqirlovchilar la’nat o‘qimoqdalar.

10Men kulni non deb yeyapman,

Ichimligimni ko‘z yoshim-la aralashtiryapman.

11Sening qahru g‘azabing tufaylidir bu,

Sen meni ko‘tarding-u, yerga urding.

12Ko‘lanka uzaygandek kunim bitdi,

Qurigan o‘t singari qaqshab ketdim.

13Lekin Sen abadiy hukmronsan, ey Xudovand,

Davrlar osha davom etar shon-shuhrating Sening.

14Sen ko‘tarilib Sionga marhamat etgaysan,

Ana, unga mehribonlik qilish vaqti keldi,

Ha, vaqt-soati yetib keldi!

15Uning toshlariga qullaring mehr qo‘ygan,

Hatto gardu to‘zonini ham ayamoqdalar.

16Ey Xudovand!

Elu xalqlar va butun jahon podshohlari

Sening mahobatli ismingdan qo‘rqadilar.

17Mana, Xudovand Sionni obod qilajak,

O‘zining mahobati bilan zohir bo‘lajak.

18Ma’yuslar ibodatiga e’tibor berajak,

U xor qilmagay aslo toatlarin.

19Ushbular kelajak nasl uchun yozilsin,

Toki tug‘ilajak qavm hamdu sano o‘qisin!

20Xudovand muqaddas yuksakligidan engashadi,

Yerga boqadi osmoni falakdan –

21Mahbuslar nolasini eshitay deya,

O‘lib ketadigan odamzodni qutqaray deya.

22Sionda Xudovand ismini sharaflasinlar,

Quddusda xabar qilsinlar shon-shuhratin.

23Shunda barcha xalqlar jam bo‘lajak,

Mamlakatlar Xudovandga xizmat etajak.

24Yo‘limda U quvvatimni oldi,

Kunlarimni O‘zi qisqartirdi.

25Umrim yarmida meni olma, dedim,

Sening yillaring davrlarcha davom etar, yo Rabbim!

26Sen yerni azaldan yaratgansan,

Osmon esa qo‘llaring amalidir.

27Ular yo‘q bo‘lib ketar,

Lekin Sen turaverasan.

Hammasi kiyimday nurab ketar,

Ularni joma kabi almashtirasan,

Ular esa o‘zgarib ketar.

28Biroq Sen ayni O‘shaning O‘zisan,

Yillaring tamom bo‘lmas Sening.

29Qullaring o‘g‘illari o‘zlariga makon topajak,

Ularning zurriyoti esa Sening huzuringda bexatar yashayajak.

 

102–SANO

 

Xudoning rahm-shafqatini kuylash

 

DOVUD SANOSI.

 

 

1Ey jonim, Xudovandni olqishla!

Uning muqaddas ismini olqishlang,

Ey, butun a’zoyi badanim!

2Ey jonim, Xudovandni olqishlagin,

Unutma Uning biron-bir ehsonini!

3U butun ayb-gunohlaringni kechirar,

Barcha xastaliklaringga davo topar;

4Hayotingni go‘r azobidan qutqarar,

Boshingga inoyatu marhamat tojin taqar;

5Ko‘nglingni ne’matlar bilan qondirar,

Yoshliging kuchini burgut kuchiday yangilar.

6Xudovand adolatli hukm chiqarar,

Barcha ezilganlar huquqini himoya qilar.

7U O‘z yo‘llarini Muso payg‘ambarga,

Ishlarini Bani-Isroilga namoyon qilgan.

8Xudovand rahmon va mehribondir,

Juda uzoq sabrli va inoyatlidir.

9U oxirigacha arazlab yurmas,

To abad darg‘azab ham bo‘lmas.

10Ayblarimizga qarab bizga muomala qilmas,

Gunohlarimizga yarasha bizga jazo bermas.

11Osmon yerdan qanchalik yuksak bo‘lsa,

Undan qo‘rqqanlarga inoyati shunchalik ko‘pdir.

12Sharq G‘arbdan qanchalik uzoqda bo‘lsa,

Yoziqlarimizni bizdan shu qadar uzoqlashtirdi.

13Ota farzandlariga qanday marhamat qilsa,

Xudovand Undan qo‘rqqanlarga shunday marhamatlidir.

14Bizning tarkibimizni U bilar,

Tuproq ekanligimizni yodga olar.

15Inson kunlari bir o‘tga o‘xshar,

Dasht guliday unib chiqib, chechak otar.

16Uning ustidan shamol esib o‘tadi-yu,

U yo‘q bo‘lur, makoni ham uni tanimas.

17Lek Xudovandning inoyati abadiydir,

Ilalabad Undan qo‘rqqanlarga yordir,

Ularning o‘g‘illariga ham sadoqati yordir.

18Xudovand buyurgan ahdga vafo qilgan,

Amrlarini eslab bajargan barchaga ham

Uning sadoqati yordir.

19Xudovand taxtini osmonda qurgan,

Uning saltanati butun koinotga hokimdir.

20Ey, Uning so‘ziga quloq beruvchi,

Kalomini ijro etuvchi kuchli, botir malaklar,

Xudovandni olqishlanglar!

21Ey sizlar, Uning barcha qo‘shinlari,

Irodasini ado etuvchi xizmatkorlari,

Xudovandni olqishlanglar!

22Ey, Xudovand yaratgan borliq jon,

Saltanatining hamma joyida Uni olqishlang!

Ey mening jonim, Xudovandni olqishlagin!

 

103–SANO

 

Koinotni Yaratgan va Asraganga shukr

 

1Ey jonim, Xudovandni olqishlagin!

Ey Xudovand, yo Rabbim, juda ulug‘san,

Jamol va salobat ila kiyingansan.

2Yorug‘lik libosiga burkangansan,

Osmonni chodir kabi yoyib qo‘ygansan.

3Yuqori dargohlaring tomini suvdan qurgansan,

Bulutlarni O‘zingga aroba qilib,

Shamol qanotlari uzra kezasan.

4Shamollarni O‘zingga malak qilasan,

Xizmatchilaring qilib o‘t-olovni ishlatasan.

5Yer to abad tebranmasin deya,

Uni poydevori uzra mahkam qurgansan.

6Unga ummonni libosday kiydirgansan,

Suvlar tog‘ cho‘qqilarigacha yetib bordi.

7Sening qat’iy ajrimingdan suvlar chekindi,

Chaqmog‘ing guldurashidan tez qochib ketdi.

8Ular Sen tayinlagan yerga oqdi,

Tog‘ cho‘qqilarigacha chiqib bordi,

Vodiylarni to‘ldirib toshdi.

9To‘fon qaytib toshmasin,

Yerni yana qoplamasin deya,

Sen unga chegara qo‘ygansan.

10Daralarda chashmalarni ochib yubording,

Suvi tog‘lar orasidan oqib boradi.

11Suviga dashtdagi har bir jonivor qonadi,

Yovvoyi eshak ham chanqovini bosadi.

12O‘sha suvlar bo‘yida ko‘k qushlari qo‘nadi,

Daraxt shoxlari aro ular sayraydi.

13Yuqori dargohlaringdan tog‘larni sug‘orasan,

Yer mo‘jizalaring mahsulidan to‘yar.

14Sen hayvon uchun o‘t-o‘lan o‘stirib,

Insonlar uchun ko‘kat yaratasan;

Inson yeriga ishlov berib ovqat topar.

15Odam dilini xushnud qiladigan sharobni,

Inson yuzini yaltiratadigan yog‘ni,

Diliga quvvat beradigan nonni ham Sen yaratasan.

16Xudovandning daraxtlari –

O‘zi o‘tqazgan Lubnon kedrlari suvga qonadi.

17Shoxlari aro qushlar uya quradi,

Laylak uyasi esa sarv daraxtlarida.

18Baland tepalar – tog‘ echkilarining yurti,

Qoyalar esa – bo‘rsuqlar panohidir.

19Fasllarni aniqlamoq uchun U oyni yaratdi,

Quyosh ersa – botar yerin bilur.

20Sen qorong‘ilik cho‘ktirsang, tun bo‘lur,

O‘rmondagi hayvonlar bari sayrga chiqur.

21Arslon bolalari o‘lja axtarib bo‘kirar,

Tangridan oziq-ovqatlarini so‘rashar.

22Quyosh chiqar, to‘planarlar,

Qaytib kirib, inlarida yotarlar.

23Inson esa o‘z mehnatiga chiqar,

Oqshomgacha ro‘zg‘or tebratish uchun ishlar.

24Ey Xudovand,

Sening ishlaring qanchalik ko‘pdir!

Hammasini hikmat bilan yaratgansan,

Yer Sening ijodlaring bilan to‘ladir.

25Mana, buyuk, bepoyon dengiz!

Unda son–sanog‘i yo‘q jonivorlar,

Kichik va katta hayvonlar bor.

26Dengizda kemalar qatnaydi,

Unda o‘ynasin deya Sen Levatanni* –

O‘sha haybatli baliqni yaratgansan.

27Ularning hammasi Senga ko‘z tikar,

Vaqtida ovqatimizni bersin deb umid qilar.

28Ularga berganingda, terib olarlar,

Qo‘lingni ochganingda, ne’matingga to‘yarlar.

29Yuzingni yashirganingda, ular dahshatga tushar,

Ruhlarini olsang, ular o‘lib ketar,

Yana tuproqqa qaytarlar.

30Ruhingni yuborsang, qayta yaratilurlar,

Yer yuziga Sen yangi qiyofa berursan.

31Xudovandning shon-shuhrati abadiy bo‘lsin,

O‘z ishlari bilan sevinsin Xudovand!

32U yerga boqqanida, yer titraydi,

Tog‘larga tekkanida, ular tutun chiqaradi.

33Men bor ekanman Xudovandni kuylayman,

Umrim boricha Xudoyimni tarannum etaman.

34Mening suxanim Unga xush kelsin,

Men Xudovanddan xursand bo‘laman.

35Gunohkorlar dunyodan yo‘q bo‘lsin,

Betavfiqlar yo‘qolib ketsinlar!

Ey jonim, Xudovandni olqishlagin!

Hamdlar bo‘lsin!

 

104–SANO

 

Isroil tarixida Xudoning mo‘jizakorligi

 

1Xudovandga shukr qiling, ismini chorlang,

Xalqlar aro ajoyibotini targ‘ib qiling!

2Qo‘shiqlar aytib, Uni tarannum eting,

Butun mo‘jizalarini so‘zlab bering!

3Muqaddas ismi bilan iftixor qiling,

Xudovandni sog‘inganlar ko‘ngli shod bo‘lsin!

4Xudovandni, Uning qudratini axtaring,

Uning huzurini doimo qidiring!

5Uning yaratgan ajib mo‘jizalarini,

Og‘zidan chiqqan hukmlarini esda tuting!

6Ey, Uning quli Ibrohim zurriyoti,

O‘zi tanlagan Yoqubning o‘g‘illari:

7Rabbimiz – Xudovand ana shudir,

Butun yer yuzida Uning hukmi o‘tadi.

8U qilgan ahdini abadiy yodda tutar,

Vasiyatini minglab nasllargacha eslar.

9Ibrohim bilan tuzgan ahdini,

Is’hoqqa ichgan qasamini xotirlar.

10Buni Yoqubga qonun deb joriy qildi,

Isroilga abadiy ahd qilib berdi.

11«Kan’on yerini ulushing qilib

Senga va zurriyotingga beraman», – dedi.

12O‘shanda ular son jihatdan juda oz,

U yerda hali kelgindi edilar.

13Bir xalqdan boshqa xalqqa,

Bir o‘lkadan o‘zga elga kezar edilar.

14Xudo ularga ozor berishga yo‘l qo‘ymas,

Ular haqida podshohlarga ham man etardi.

15«Mening tanlaganlarimga tegmangiz,

Nabilarimga yomonlik qilmangiz!» – derdi U.

16Mamlakat bo‘ylab ocharchilik e’lon qildi,

G‘alla poyasini ham butkul quritib yubordi.

17Ulardan oldin bir odamni –

Qul qilib sotilgan Yusufni yuborgan edi.

18Uning oyoqlarini kundalab qo‘ydilar,

Joni temirga kirganday qiynalar edi –

19To Xudovandning so‘zi ijro bo‘lguncha,

Ilohiy kalom uni sinab soflaguncha.

20Shoh* odam yuborib uni bandilikdan qutqardi,

Ha, ellar hukmdori uni ozodlikka chiqazdi.

21Uni o‘z uyi ustidan mirzo qilib qo‘ydi,

Butun mol-mulkiga boshliq qilib tayinladi.

22Toki vazirlariga ko‘nglidagidek o‘git qilsin,

Oqsoqollariga esa hikmatni o‘rgatsin.

23So‘ngra Yoqub Misrga keldi,

Hom* diyorida maskan oldi Isroil.

24Xudovand xalqini juda ham ko‘paytirib,

Dushmanlaridan ko‘ra quvvatliroq qildi.

25O‘z xalqiga qarshi xusumat qilmog‘i-chun,

Qullariga qarshi fitna uyushtirmog‘i-chun

Yovning yuraklarida nafrat uyg‘otdi.

26U O‘z quli – Muso payg‘ambarni,

O‘zi tanlagan Horunni yo‘lladi.

27Ular Hom diyorida Xudovand ajoyibotin,

Ilohiy alomatlarni namoyon qilishdi.

28Xudovand qorong‘ilik yubordi,

Yon-atrofni zulmat qamradi,

Misriylar Uning amriga qarshi turmadi.

29Ularning suvlarini qonga aylantirdi,

Baliqlarini esa nobud qilib tashladi.

30O‘lkalarini g‘uj-g‘uj qurbaqalar bosdi,

To podshoh yotoqxonasigacha to‘lib ketdi.

31Ilohiy amr bo‘yicha pashsha galalari bosib keldi,

Mamlakatning to‘rt tomonini bitlar bosib oldi.

32Boshlariga yomg‘ir o‘rniga do‘l yog‘dirdi,

O‘lkalariga jazirama otash yubordi.

33Bog‘larini, anjir daraxtlarini quritdi,

Sarhadlari ichidagi har butani qirib tashladi.

34Uning buyrug‘i ila chigirtkalar paydo bo‘ldi,

Son–sanoqsiz hasharot galalari chiqdi.

35Mamlakatdagi butun o‘t-o‘lanni o‘pirib yubordi,

Daladagi hosilni tamoman yeb tugatdi.

36Oxiri Xudo o‘lkaning barcha to‘ng‘ichlarini,

Elning butun erkaklik g‘ururini o‘ldirdi.

37O‘z xalqini esa simu zar ila chiqardi,

Oralaridan ojiz qolgani yo‘q edi.

38Ularning chiqqaniga Misr sevindi,

Chunki ularga vahm solgan edilar.

39Xudovand bulutni pardaday yoyib tashlar,

Tunni oydin qilmoq uchun otash yuborar edi.

40Ular so‘radi, Xudo bedanalarni muhayyo qildi,

Ularni samoviy non ila to‘yg‘azdi.

41Xudovand qoyani yorib suv oqizdi,

Quruq cho‘l o‘rtasida daryoday suv oqdi.

42U bergan muqaddas so‘zini xotirladi,

O‘z quli Ibrohimni esdan chiqarmadi.

43O‘zi uchun tanlab olgan xalqini

Shodiyonayu tantanalar ila ozodlikka chiqardi.

44Ularga elu elatlar diyorini berdi,

Boshqa xalqlar mehnati ularga nasib bo‘ldi.

45Toki ular Xudo qonunlarini tutib,

Ko‘rsatgan yo‘l-yo‘riqlariga rioya qilsinlar!

Hamdlar bo‘lsin!

 

105–SANO

 

Isroilning bevafoligi, Xudoning sadoqati

 

1Hamdlar bo‘lsin!

Xudovandga shukr qilinglar!

U olijanobdir, abadiydir inoyati.

2Xudovandning qudratli ishlarini kim so‘zlay bilar?

Uning bor shon-shuhratini kim bayon qila olar?

3Baxtlidir adlu insof ila ish tutgan,

Doim solihlik bilan yurgan kishi!

4Xalqingga ko‘rsatgan karamingni menga ravo ko‘r,

Najotingni men tomon yo‘lla, yo Rab!

5Tanlaganlaring qut-barakasini ko‘rayin,

Xalqing shodligi ila shod bo‘layin,

Eling iftixori ila maqtanib yurayin!

6Biz otalarimiz qatorida gunoh qildik,

Yo‘ldan ozdik, buzuqlik qildik.

7Ota-bobolarimiz Misrda bo‘lganlarida,

Sening ajoyibotingni fahmlamasdilar.

Behad lutfu karamingni esga olmasdan,

Dengizda, Qizil dengiz bo‘yida isyon qildilar.

8Xudovand ersa, qudratimni ko‘rsatay deya,

O‘z ismi hurmati uchun ularni qutqardi.

9U Qizil dengizga do‘q urdi,

Dengiz qoq quruq bo‘ldi.

Xuddi cho‘l o‘rtasidan kezdirganday,

Ularni girdob o‘rtasidan quruq o‘tkazdi.

10Ag‘yor qo‘lidan ularni qutqardi,

Dushman dastidan xalos qildi.

11Yovlarini suvlar bosdi,

Ularning hech biri qolmadi.

12O‘shanda inondilar Uning kalomlariga,

Sano o‘qidilar-da shonu shuhratiga.

13Biroq tezda unutdilar ishlarini,

Ko‘z tikmadilar o‘git-nasihatlariga.

14Cho‘lda o‘taketgan ehtirosga berildilar,

Dasht-biyobonda Tangrini sinadilar.

15So‘raganlarini U ularga berdi-yu,

Jonlarini ozg‘inlikka ham mubtalo qildi.

16Manzilda Xudovandning avliyolari –

Muso bilan Horunga rashk qildilar.

17Yer yorilib Datanni yutib yubordi,

Abirom qavmini qoplab oldi.

18Boshlariga nogahon o‘t-olov tushdi,

Osiylar to‘dasini yondirib yubordi.

19Ho‘rib tog‘ida quyma butni yasadilar,

Buzoqqa topinib sajda qildilar.

20Ha, o‘t yeydigan ho‘kiz surati bilan

Ulug‘vor Xudovandlarini almashtirdilar.*

21Misrda buyuk ishlar namoyon qilgan

Xaloskorlari – Tangrini unutdilar.

22Ha, Hom* diyorida ajoyibotlar yaratgan,

Qizil dengizda mahobatini ko‘rsatgan Xudoni unutdilar.

23Xudo ularni halok qilishga niyat qildi.

Agarda Xudovandning tanlagani – Muso

Xudovand huzurida tik turmaganida,

Dahshatli g‘azabidan qaytarmaganida edi,

U niyatini bajargan bo‘lur edi.

24Go‘zal Diyorni ham ular xor qildilar,

Inonmasdilar-da Xudoning kalomiga.

25Chodirlarida zorlanib turdilar,

Bo‘ysunmadilar-da Xudovand amriga.

26Shu kez Xudo ularga qarshi qo‘l ko‘tardi,

Cho‘lda ularni yakson qilmoqchi bo‘ldi.

27Bari zurriyotini ellar orasiga sochib tashlay,

Turli xalqlar aro ularni yakson qilay, dedi.

28Ular Baal-Peg‘o‘r nomli butga topindilar,

Jonsiz sanamga qurbonlik atab yedilar.

29Qilmishlari-la Xudovand qahrini keltirdilar,

Ittifoqo o‘latga giriftor bo‘ldilar.

30Pinhos turdi-da, hukm yuritdi,

Shunda o‘lat ham kesildi.

31Bu Pinhosning ezgu ishlariga kirdi,

Nasllar osha, abadiy qadrlangusi.

32Isyongoh* suvlarida Bani-Isroil tag‘in

Xudovandning g‘azabini keltirdilar,

Ular sababli Muso jafo tortar edi.

33Musoning g‘ashini keltirganlarida,

U o‘ylamay so‘zlab yubordi.

34Xudovand ularga amr bergan edi,

Vale halok qilmadilar yot xalqlarni.

35Ular majusiylar bilan aralashib,

Ularning ishlarini o‘rgandilar.

36Sanamlariga ham topindilar,

Bular esa tuzoq bo‘ldi ularga.

37O‘z o‘g‘illariyu qizlarini o‘ldirib,

Jinlarga qurbonlikka bag‘ishladilar.

38Manfur Kan’on butlariga qurbonlik atab,

O‘g‘il-qizlarining begunoh qonini to‘kdilar,

Mamlakat esa qonga botib harom bo‘ldi.

39Ular bu ishi tufayli murdor bo‘ldilar,

Qilmishlari-la fahshlik qilganday bo‘ldilar.

40Shunda Xudovand O‘z xalqidan g‘azablandi,

O‘zining aziz diyoridan nafratlandi.

41Ularni yot xalqlarning qo‘liga berdi,

G‘animlari ular ustidan hukmronlik qildi.

42Dushmanlaridan ular jabr-zulm chekdi,

Yov qo‘li ostida egilib-bukildilar.

43Ko‘p martalab Xudovand ularni qutqarardi,

Ular esa o‘z qaysarligi ila Uni achchiqlantirar,

O‘z yomonliklari tufayli xazon ham bo‘lardilar.

44Shunga qaramay Xudovand

Ularning nolasini eshitdi,

Og‘ir ahvollariga e’tibor berdi.

45Ular bilan qilgan ahdini esladi,

Ko‘p iltifot qilib ularni ayadi.

46Ularni asir olgan hammaning dilida

Ularga nisbatan rahm qo‘zg‘atdi.

47Yo Rabbano, yo Xudovando, bizlarni qutqargin!

Xalqlar orasidan bizni to‘plab olgin,

Toki muqaddas ismingni ulug‘laylik,

Hamdu sanoying ila iftixor etaylik!

48Isroilning Tangrisi – Xudovandga

Azaliy va abadiy ofarinlar bo‘lsin!

Butun qavm esa «Omin!» – desin!

Hamdlar bo‘lsin!

 

106–SANO

 

Najot topganlarning hamdu sanosi

 

1Xudovandga shukr qilinglar!

U olijanobdir, abadiydir inoyati.

2Bunday desin Xudovand qutqargan,

Dushman qo‘lidan najot topgan xalq!

3U bizni Sharqu G‘arbdan, Shimolu Janubdan,

Turli o‘lkalardan to‘plab oldi, deb yurishsin!

4Ular cho‘lu biyobonni kezib adashardilar,

Odam yashaydigan biron shahar topolmasdan.

5Och hamda suvsiz qolgan edilar,

Jonu tanlari holdan ketar edi.

6Mashaqqatlarida Xudovandga faryod etishgach,

U ularni qutqardi azob-uqubatlaridan.

7Odam yashaydigan shaharni topsin deya,

Ularni to‘g‘ri yo‘lga boshladi U.

8Xudovandga shukr qilsinlar bergan inoyati uchun,

Odam bolalariga ko‘rsatgan mo‘jizalari uchun!

9Chunki U qondirdi chanqoq ko‘ngilni,

Ne’matlar bilan to‘ydirdi ochiqqan jonni.

10Zulmatga, o‘lim vahimasiga kelib qoldilar,

Temir kishanda o‘tirib azob chekardilar.

11Chunki Tangri amrlariga qarshilik qildilar,

Tangri Taolo irodasini mensimadilar.

12U og‘ir ish bilan ularning dimog‘ini tushirdi,

Ular qoqildi, yordamchilari yo‘q edi.

13Mashaqqatlarida Xudovandga faryod etishgach,

U ularni qutqardi azob-uqubatlaridan.

14Zulmat va o‘lim vahmasidan ularni ozod qildi,

Zanjir-kishanlarini sindirib tashladi.

15Xudovandga shukr qilsinlar bergan inoyati uchun,

Odam bolalariga ko‘rsatgan mo‘jizalari uchun!

16Mana O‘zi mis darvozalarni pora-pora qilgan,

Temir tambalarni chopib parchalab tashlagan.

17Ular esa tentaklik qilib isyon ko‘tardilar,

Qilgan yomonliklari evaziga jafo ham chekdilar.

18Jonlari har qanday oziq-ovqatni rad etar,

O‘lim darvozasiga yaqinlashgan edilar.

19Mashaqqatlarida Xudovandga faryod etishgach,

U ularni qutqardi azob-uqubatlaridan.

20Kalomini yuborib ularga shifo berdi,

Ularni tushgan chohlaridan chiqarib oldi.

21Xudovandga shukr qilsinlar bergan inoyati uchun,

Odam bolalariga ko‘rsatgan mo‘jizalari uchun!

22Xudovandga shukrona bilan qurbonlik atasinlar,

Uning ishlarini tantana ila targ‘ib qilsinlar!

23Kemalarida dengizda qatnovchilar ham,

Bahrlar aro mehnat qiluvchilar ham

24Xudovandning ishlariga guvoh bo‘ldilar,

Girdobda ko‘rsatgan mo‘jizalarin ko‘rdilar.

25U amr berib, kuchli bo‘ron keltirdi,

Dengiz to‘lqinlarin baland ko‘tarib yubordi.

26Kemachilar ko‘kka o‘rlab, tubsizlikka cho‘kdi,

Dahshatdan ularning joni mumdek eridi.

27Ular mast kabi o‘ynoqlab aylandi,

Aqli-hushi boshidan uchdi.

28Mashaqqatlarida Xudovandga faryod etishgach,

U ularni chiqardi azob-uqubatlaridan.

29Xudovand bo‘ronni tinchitib qo‘ydi,

Suv to‘lqinlarini ham pasaytirdi.

30Suvlarni tinchitib, ummatini sevintirdi,

Orzu qilgan bekatlariga yetaklab bordi.

31Xudovandga shukr qilsinlar bergan inoyati uchun,

Odam bolalariga ko‘rsatgan mo‘jizalari uchun!

32Xalq yig‘inlarida Uni ko‘kka ko‘tarsinlar,

Oqsoqollar majlisida Unga hamd – sano aytsinlar.

33Xudovand daryolarni cho‘lga aylantiradi,

Buloqlarni esa quritib yuboradi.

34Aholisining yovuzligi sababli

Hosildor tuproqni sho‘r yerga aylantiradi.

35Tag‘in sahroda ko‘llarni paydo qilib,

Bo‘z yerni chashmazorga aylantiradi.

36Och-yupunlarni o‘sha yerga joylashtiradi,

Ular yashaydigan shaharni quradilar.

37Ekin ekib, uzumzor yaratadilar,

Daladan mo‘l-ko‘l hosil ko‘taradilar.

38Xudovand ularga barakat beradi,

Ularning soni oshib boradi,

Chorvasi esa sira kamaymaydi.

39Tag‘in ular son jihatdan ozayib qolgan,

Jabr-jafo, balo-qazoga yo‘liqib qaddi bukilgan edi.

40Sarkardalarni shuvut qiluvchi Xudovand O‘zi

Yo‘lsiz sahroda ularni sargardon qildi.

41Lek bechorahollarni tuproqdan yuqori ko‘tardi,

Oilalarini qo‘ylar podasidek ko‘paytirdi.

42To‘g‘ri kishilar buni ko‘rib sevinur,

Barcha qalloblar og‘zi esa to‘silib qolur.

43Kimki oqil bo‘lsa, bularni payqar,

Xudovandning mehr-inoyatini anglar.

 

107–SANO

 

Dushman zulmidan qutulish umidi

 

QO‘SHIQ. DOVUD SANOSI.

 

 

1-2Yuragim shaydir, ey Xudo!

Men bajonu dil kuylayman,

Seni tarannum etaman.

3Uyg‘oning, ey chang ila g‘ijjak!

Men saharni uyg‘otib yuboraman.

4Ellar aro Senga shukr deyman, ey Xudovand,

Elatlar ichra Seni tarannum etgayman.

5Sening inoyating ko‘klardan ham baland,

Haqiqating esa bulutlardan ham yuksakdir.

6Ey Xudo, falakdan yuqoriga yuksalgin,

Ulug‘vorliging ro‘yi zamin uzra porlasin!

7Sevganlaring xalos bo‘lsin uchun

Kuchli o‘ng qo‘lingni uzatib yuborgin!

Menga quloq solgin, najot bergin!

8Xudo O‘zining muqaddas makonida so‘zladi:

«Men Shakamni tantana ila taqsimlayman,

Sukkot vodiysini esa o‘lchab olaman.

9Gil’ad Meniki, Manashe ham Meniki.

Efraim – boshimdagi dubulg‘a,

Yahudo – saltanatim hassasi.

10Mo‘ov – yuvinadigan tosimdir,

Edo‘m ustiga etigimni bosaman,

Filistiya uzra g‘alaba e’lon qilaman».*

11Mustahkam shaharga meni kim eltadi?

Edo‘mga meni kim kuzatib boradi?

12Ey Xudo, bizni tashlab qo‘ygan Sen emasmi?

Qo‘shinlarimiz bilan chiqmayapsan-ku, ey Xudo!

13Dushmanga qarshi kurashda bizga yordam bergin!

Chunki inson najoti – bekordir.

14Biz Xudo nomi bilan botirlik qilamiz,

Dushmanlarimizni O‘zi tor-mor etadi.

 

108–SANO

 

O‘ch olish uchun iltijo

 

IJROCHILAR RAHBARIGA. DOVUD SANOSI.

 

 

1Ey, mening maqtaydigan Xudoyim, jim turma!

2Mana, fosiqlaru makkorlar og‘zini katta ochib,

Menga qarshi tillarini qayramoqdalar!

3Nafratli so‘zlar bilan meni chulg‘ab,

Sababsiz menga zarba bermoqdalar.

4Muhabbatim uchun menga adovat qiladilar,

Men bo‘lsam – toat-ibodatdaman.

5Yaxshiligim evaziga yomonlik qiladilar,

Sevgimga qarshi nafrat izhor etadilar.

6Bunday odamning boshiga fosiqni mindir,

Shayton* tursin uning o‘ng tomonida.

7Muhokama qilinganda aybdor bo‘lib chiqsin,

Toati gunoh deb hisoblansin.

8Umri qisqa bo‘lsin,

O‘rnini boshqasi egallasin.

9Bolalari yetim qolsin,

Xotini beva bo‘lsin.

10O‘g‘illari darbadarlikka yo‘liqsin,

Vayronalarda gadoylik qilishsin.

11Mol-holini sudxo‘rlar egallasin,

Mehnati samarasin begonalar taroj qilsin.

12Unga hech kim iltifot ko‘rsatmasin,

Yetimlariga hech kimsa achinmasin.

13Uning zurriyoti qirib tashlansin,

Kelajak nasldan nomlari o‘chirilsin.

14Otalari ayblarini Xudovand yodga olsin,

Onalari gunohlaridan kechmasin.

15Doim Xudovandning o‘ngida bo‘lsin aybi,

Yer yuzidan supurib tashlasin xotirasini.

16Ular-ku bechorayu faqirni ta’qib qildi,

Iltifot ko‘rsatmoqni hech o‘ylamadi,

Dilabgorlarni o‘ldirmoqqa qasd qildi.

17La’natgo‘yning la’nati o‘z boshiga tushadi,

Duo qilmoq istamagandan duo ariydi.

18La’natni u libosday kiyib olsin,

Qarg‘ishni esa suvday ichsin,

Ilikday suyaklariga o‘rnashib qolsin.

19O‘zi uchun la’nat hamisha kiyadigan joma,

Doimo taqadigan bir tasma bo‘lsin.

20Jonimga yomonlik tilaganlarning oqibati,

Tuhmatchilarning Xudovanddan jazosi shu bo‘lsin!

21Ey Xudovand, mening Rabbim,

Isming hurmati uchun menga iltifot ko‘rsatgin,

Beqiyosdir inoyating Sening, xalos qilgil meni!

22Chunki men bechorayu miskinman,

Yuragimga o‘q qadalganday bo‘ldi.

23Kechki soya kabi tez o‘tib ketyapman,

Chigirtka kabi uloqtirib tashladilar.

24Tizzalarim ro‘zadan titramoqda,

Etim suyagimga yopishib qolgan.

25Odamlarning haqoratiga nishon bo‘ldim,

Menga ko‘z olaytirib, bosh chayqayaptilar.

26Ey Xudovand, mening Xudoyim,

Madad yuborgin menga!

Inoyat qilib meni qutqargin!

27Bilsinlarki, bu Sening qo‘lingdir,

Buni bajargan Sensan, yo Rabbiy!

28Ular la’nat o‘qisa-da, Sen duo qilasan,

Ular oyoqlansa-da, sharmanda bo‘lib qaytarlar,

Sening quling esa sevinib ketar.

29G‘animlarim rasvolikka burkansin,

Sharmandalikka joma kabi o‘ransinlar.

30Xudovandga shukrni tilimdan tushirmayman,

Katta xaloyiq ichra Unga sanolar o‘qiyman.

31Jon dushmanlaridan uni qutqarib qolay deya,

Xudovand faqirning o‘ng tomonida turadi.

 

109–SANO

 

Masihning mangu g‘alabasi

 

DOVUD SANOSI.

 

 

1Xudovand mening Rabbimga aytdi:

«Yovlaringni oyoqlaring ostiga yiqitmagunimcha,

Sen Mening o‘ng tomonimda o‘ltirib turgin!»*

2Sening qudratli saltanating hassasin

Xudovand Siondan uzatib yuborgay,

Dushmanlaring o‘rtasida hukmron bo‘lgil deya.

3Jangovarlik kuningda Sening xalqing

Muqaddas ziynatda Senga xohish bildirgay,

Tong bag‘ridan tushgan shabnam misoli

Yigitlaring* Sen tomon kelaverishgay.

4Xudovand ont ichgan va so‘zidan qaytmas:

«Malkisidq* martabasi bo‘yicha

Sen abadiy ruhoniysan».

5Rabbing Sening o‘ng tomoningda o‘ltirar,

Qahri kelgan kunda shohlarni ezib tashlar.

6Xalqlarni U hukm etgan vaqtda

Yer yuzi jasadlar bilan to‘lg‘usi,

Ulkan davlat boshlari majaq bo‘lg‘usi.

7Yo‘l bo‘yidagi irmoqdan suv ichib,

Mard boshini baland ko‘tarib yurgusi.

 

110–SANO

 

Xudoning inoyati va sadoqati

 

1Hamdlar bo‘lsin!

Men solihlar mahfilida, ulug‘ jamoatda

Xudovandga chin yurakdan shukr qilaman.

2Xudovandning ishlari buyukdir,

Barcha muxlislari ulardan zavq olur.

3Xudovand ijodi – jamol va salobatdir,

Uning adolati ersa – ilalabaddir.

4Ajoyibotini unutilmaydigan qilib yaratgan,

Rahmonu mehribondir Xudovand.

5O‘zidan qo‘rqqanlarning rizqi-ro‘zini berar,

Xalqi ila tuzgan ahdini abadiy esda tutar.

6O‘z xalqiga qudratli faoliyatini ko‘rsatdi,

Majusiylar yer-mulkini ularga berdi.

7Bajargan ishlari haqiqat va adolatdir,

Barqarordir bari farmoyishlari.

8Ular doimiy va abadiy ustuvordir,

Haq va to‘g‘rilik ila ijro bo‘lmishdir.

9Xudovand O‘z xalqiga najot yuborgan,

O‘z ahdini abadiy qilib buyurgan,

Uning ismi – muqaddas va qo‘rqinchlidir.

10Donolikning boshi – Xudodan qo‘rqmoqlikdir,

Bunday yo‘l tutgan hammaning aqli rasodir,

Xudovandga abadiy sano o‘qimoq darkordir.

 

111–SANO

 

Xudojo‘y – tabarrukdir

 

1Hamdlar bo‘lsin!

Qanday baxtli Xudovanddan qo‘rqadigan,

Amrlariga zavq bilan bo‘ysunadigan kishi!

2Uning zurriyoti yer yuzida mard avlod bo‘lgay,

Ko‘ngli to‘g‘rilar nasli tabarruk bo‘lgay.

3Boylik va mo‘lchilik solihning hovlisidadir,

Boqiy umr ko‘rgay solihning salohi.

4Solihga qorong‘ulikda ham yog‘du nur sochar,

Rahmonu mehribon hamda odildir U.

5Elga muruvvat qilib qarz beruvchi,

Insof ila ish boshqaruvchi odam baxtiyordir.

6Solih to abad tebranmagay,

Mangu bo‘lgay uning xotirasi.

7Yomon ovozadan u qo‘rqmaydi,

Umidi Xudovandda, sobitdir yuragi.

8Dushmanlariga bemalol qarar,

U dovyurak va qo‘rqmas bo‘lar.

9U qo‘lini ochib kambag‘alga sadaqa berar,

Uning solihligi boqiy bo‘lar,

Izzat-hurmati yuksalib borar.

10Betavfiq buni ko‘rib g‘azablanur,

Tishlarin g‘ijirlataru zavol topur,

Ha, betavfiqlar tilagi puchga chiqur.

 

112–SANO

 

Xudovandni olqishlang!

 

1Hamdlar bo‘lsin!

Hamdlar ayting, ey Xudovand qullari,

Xudovand nomiga hamd – sano aytinglar!

2Xudovand nomiga olqishlar bo‘lsin,

Hozirdan boshlab to mangulikka qadar!

3Kun chiqardan to kun botarga qadar

Xudovand ismiga maqtovlar bo‘lsin!

4Xudovand barcha xalqlar ustidan oliydir,

Ulug‘vorligi esa osmondan ham balanddir.

5Rabbimiz Xudovand yuksaklarda o‘ltiribdi,

Unga o‘xshaydigan kim ham bor ekan?

6U ham yer, ham ko‘kdagilarni ko‘ray deya,

Tubanlikka engashib nigoh tashlar.

7Bechoraholni U tuproqdan ko‘tarar,

Faqirni axlatdan olib chiqib yuksaltirar.

8Ularni elning ulug‘lari birla,

O‘z xalqining beklari birla o‘tqizar.

9Tug‘mas ayolni U uyida o‘rnashtirar,

Uni farzandlar onasi qilib quvontirar.

Hamdlar bo‘lsin!

 

113–SANO

 

Mo‘jizakor Xudovandga shukrona

 

1Bani-Isroil Misrdan qochgan paytda,

Yoqub zaboni zabun eldan chiqqan kezda,

2Yahudo yeri Xudoning aziz makoni bo‘ldi,

Isroil yurti Xudo saltanatiga asos bo‘ldi.

3Dengiz suvi buni ko‘rdi-da qochdi,

O‘rdun oqimi to‘xtab orqaga qaytdi.

4Tog‘lar qo‘ylarday sakrashdi,

Tepalar qo‘zilarday irg‘ishladi.

5Ey dengiz, senga ne bo‘ldi, qochyapsan?

Nechun orqaga qaytyapsan, O‘rdun suvi?

6Ey tog‘lar, nega qo‘ylarday sakrayapsizlar?

Nechun qo‘zilarday irg‘ishlayapsiz, ey tepalar?

7Rabbano oldida, Yoqubning Xudosi oldida

Yer yuzi qo‘rquvdan titrasin!

8U qoyani suv hovuziga aylantirgan,

Xarsang toshdan selday suv oqizgan.

9Bizlarga emas, ey Xudovand, bizlarga emas,

O‘zingning ismingga maqtov bergin!

Zero Sen ko‘p inoyatliyu sadoqatlisan.

10Nima uchun majusiylar:

«Qani ularning Xudosi», – deydi?

11Bizning Xudoyimiz osmondadir,

U istaganini yarataveradi.

12Ularning sanamlari kumush va oltindir,

Inson qo‘llarining ish-amalidir.

13Og‘izlari bor, lekin so‘zlamaydilar,

Ko‘zlari bor, ammo ko‘rmaydilar.

14Quloqlari bor-u, eshitmaydilar,

Burunlari bor-u, hidlamaydilar.

15Qo‘llari bordir, vale sezmaydilar,

Oyoqlari bordir, vale yurmaydilar,

Bo‘g‘izlaridan esa tovush chiqmaydi.

16Ularni yasagan har bir kishi –

Hamma ularga e’tiqod qiluvchilar

Xuddi ularga o‘xshab qolur.

17Ey Isroil, Xudovandga umid bog‘lagin!

U sening yordamching va qalqoningdir.

18Ey Horun xonadoni*, Xudovandga umid bog‘lang!

U sizning yordamchingiz va qalqoningizdir.

19Ey xudojo‘ylar, Xudovandga umid bog‘lang!

U sizning yordamchingiz va qalqoningizdir.

20Xudovand bizlarni esladi-yu,

Qut-barakali ham qildi.

Isroil xonadonini barakali qilsin!

Horun xonadonini barakali qilsin!

21O‘zidan qo‘rqqan kattayu kichikni

Xudovand barakali qilsin!

22Xudovand o‘zlaringiz va o‘g‘illaringizga

Xiyla va xiyla ko‘paytirib bersin!

23Yeru osmonni yaratgan Xudovand

Sizlarni muborak aylasin!

24Osmon – Xudovandning osmonidir,

Ammo yerni U inson o‘g‘illariga bergan.

25O‘lib sukunat diyoriga borgan hech kimsa

Xudovandga hamdu sano aytmas.

26Biz esa hozirdan boshlab to abad

Xudovandga hamdu sanolar aytamiz.

Hamdlar bo‘lsin!

 

114–SANO

 

O‘limdan qutulganning shodiyonasi

 

1Dodu fig‘onimga quloq solgani-chun

Men Xudovandni sevaman.

2Qulog‘ini men tomon tutgani-chun

Umrim boricha Uni chaqiraman.

3O‘lim to‘rlari meni chulg‘ab oldi,

Do‘zax azoblari boshimga tushdi,

Juda siqildimu, dard-alamda qoldim.

4O‘shanda Xudovand ismini chaqirdim,

Yohu Xudovando, jonimni qutqar, dedim.

5Xudovand mehribon va odildir,

Ha, Xudoyimiz rahmdildir.

6Xudovand soddadil odamlarni asrar,

Ojiz qolganimda O‘zi meni qutqarar.

7Ey jonim, rohatingga qaytgil,

Mana Xudovand senga ezgulik qilgan!

8Jonimni o‘limdan, ko‘zimni yoshdan,

Oyog‘imni esa qoqilib ketishdan

O‘zing tiygansan, yo Rabbim!

9Men tiriklar diyorida qolaman,

Xudovand huzurida yuraveraman.

 

115–SANO

 

Najot topganning hamdu sanosi

 

1Men ishondim, shul bois gapirdim:

Men ko‘p ozor chekdim, dedim.

2Butun insoniyat yolg‘onchilikdir,

– dedim men hayajonlanib.

3Menga qilgan barcha yaxshiliklari uchun

Xudovandni qanday taqdirlayman?

4Men najot qadahini ko‘tarib,

Xudovand nomini chaqiraman.

5Butun ahli mo‘minning ko‘zi o‘ngida

Xudovandga ataganlarimni bajo etaman.

6O‘z azizlarining o‘limi

Xudovand nazarida bebahodir.

7Yohu Xudovando,

Men Sening qulingman-ku,

O‘z kanizaging o‘g‘lidirman,

Kishanlarimni O‘zing yechgansan.

8Sening ismingni chaqirib, ey Xudovand,

Shukrona bilan qurbonlik keltiraman.

9Butun ahli mo‘minning ko‘zi o‘ngida

Xudovandga ataganlarimni bajo etaman.

10Xudovandning ma’badi hovlilarida,

Quddus bag‘rida nazrlarimni ifo etaman.

Hamdlar bo‘lsin!

 

116–SANO

 

Ey barcha xalqlar..!

 

1Ey barcha xalqlar,

Xudovandni madh etinglar!

Unga hamdu sano aytinglar,

Ey butun millatlar!

2Uning bizga bergan inoyati behaddir,

Abadiydir Xudovandning vafosiyu haqiqati.

Hamdlar bo‘lsin!

 

117–SANO

 

G‘alaba bag‘ishlagan Xudoga shukrona

 

1Xudovandga shukr qiling!

U ezgudir, abadiydir inoyati.

2Isroil xonadoni desin:

Abadiydir Uning inoyati!

3Horun xonadoni desin:

Abadiydir Uning inoyati!

4Xudodan qo‘rqqanlar desin:

Abadiydir Uning inoyati!

5Tang qolganimda Xudovandni chaqirdim,

U menga quloq soldi-da,

Kenglikka chiqarib qo‘ydi meni.

6Xudovand men tomonda, qo‘rqmayman,

Inson menga ne qila bilar?

7Xudovand mening yordamchim ekan,

G‘animlarimga bemalol qarayman.

8Insonga e’tiqod qilgandan ko‘ra,

Xudovanddan panoh so‘rash afzaldir.

9Shahzodalarga ishongandan ko‘ra,

Xudovanddan panoh so‘rash afzaldir.

10Barcha xalqlar meni o‘rab olgan edi,

Xudovand nomi ila qirib tashladim ularni.

11Meni o‘rab olgandilar, ha,

Hamma yog‘imdan qisib qo‘ygandilar;

Xudovand nomi ila qirib tashladim ularni.

12Arilar kabi meni o‘rab oldilar,

Tikan alangasidek o‘chib qoldilar;

Xudovand nomi ila qirib tashladim ularni.

13Yiqilib ketsin deb meni turtdilaring,

Illo Xudovand menga yordam berdi.

14Yohu, quvvatim va qo‘shig‘im mening,

O‘zing bo‘lding Najotkorim mening!

15Xursandchilik va ozodlik sadolari

Solihlarning chodirlarida yangraydi:

Xudovandning o‘ng qo‘li mardlik ko‘rsatur!

16Xudovandning o‘ng qo‘li baland ko‘tarilur!

Xudovandning o‘ng qo‘li mardlik ko‘rsatur!

17Men o‘lmasman, yashayveraman,

Xudovandning ishlarini xabar qilaman.

18Xudovand menga qattiq chora ko‘rdi-yu,

Illo o‘limga topshirmadi jonimni.

19Saloh qopqalarini menga ochib qo‘yingiz,

Ulardan kirib, Xudovandga shukr qilayin!

20Bu – Xudovandning darvozasidir,

Undan solihlar kiradilar.

21Senga shukrlar deyman, yo Rab,

Sen menga quloq solding,

Xaloskorim ham bo‘lding.

22Binokorlar keraksiz deb tashlagan Tosh

Naq binoning peshtoqidan joy oldi.

23Bu Xudovand irodasi tufaylidir,

Bizga esa ajoyibot timsolidir.

24Xudovandning yaratgan kunidir bu,

Undan shod bo‘lib sevinaylik!

25Xudoyo Xudovando, najot bergin!

Xudoyo Xudovando, muvaffaqiyat tilagin!

26Xudovand nomidan Kelayotgan muborak!

Xudovand uyidan turib sizni duo qilamiz.

27Haq Tangri – Xudovanddir,

U bizga ziyo yo‘llagandir.

Bayram tusida arqon ulashing-da,

Qurbongoh muguzlarini ziyorat eting!*

28Sensan Tangrim mening, shukr qilaman,

Sensan Xudoyim mening, sano qilaman.

29Xudovandga shukr qilinglar!

U ezgudir, abadiydir inoyati.

 

118–SANO

 

Ilohiy Qonunning fazilatlari

 

(Alef)*

 

1Qanday baxtlidir sofdillik yo‘lidan boruvchi,

Ilohiy Qonun bilan yuruvchi kishilar!

2Baxtlidir Xudovand shahodatin saqlab,

Chin qalbdan Xudoga intiluvchilar!

3Ular qonunsiz ishga oyog‘ini burmay,

Xudovandning yo‘llaridan yuradilar.

4Nizom-qonunlaringni O‘zing buyurgansan,

Jiddiylik bilan rioya qilinsin deya.

5Qoidalaringga amal qilmoqqa

Koshki yo‘llarim o‘ngsa edi!

6Shunda sharmanda bo‘lmasman,

Barcha amrlaringni ko‘z o‘ngimga keltirib.

7Sof ko‘ngildan shukr qilarman,

Sening odil hukmlaringni o‘rganib.

8Farmonlaringni bajaraman Sening,

Meni butunlay tashlab ketmagin!

 

(Bet)

 

9Yigit o‘z yo‘lini qanday qilib sof saqlar?

Sening kaloming bilan yursa bu bo‘lar.

10Men Seni chin ko‘ngildan qidiryapman,

Amrlaringdan bosh tortishimga yo‘l qo‘yma!

11Senga qarshi gunoh qilmaslik uchun,

Kalomingni yuragimda saqlayman.

12Ey Xudovand, men Seni olqishlayman,

Qonun-qoidalaringni menga o‘rgatgin!

13Og‘zingdan chiqqan barcha hukmlarni

O‘z irnim bilan xabar qilaman.

14Sening vahiylaring yo‘lida men

Katta boylik topgandek xursand bo‘laman.

15Buyruqlaringni teran o‘ylab,

Sening yo‘llaringga ko‘z tikaman.

16Nizom-qoidalaringdan zavq topaman,

Unutmayman kaloming Sening.

 

(Gimel)

 

17Qulingga iltifot qilgin,

Men yashab so‘zingni tutayin!

18Ko‘zlarimni ochib yuborgin,

Qonuning ajoyibotlarini ko‘rayin!

19Men bu dunyoda musofirman,

Amrlaringni mendan yashirmagin!

20Hukmlaringni doimo orzu qilaman,

Sog‘inchdan jonim ado bo‘lmoqda.

21Boshboshdoqlarning adabini O‘zing berasan,

Amrlaringdan adashgan hamma la’natidir.

22Sharmandalik va haqoratni mendan uzoqlashtir,

Men Sening shahodatingga rioya qilaman-ku.

23Hatto beklar o‘tirib meni g‘iybat qilmoqda,

Quling esa nizomlaringni teran o‘ylamoqda.

24Ha, Sening vahiylaring men uchun zavqdir,

Ular mening maslahatchilarim hamdir.

 

(Dalet)

 

25Jonim tuproqqa yopishib qolgan,

O‘z kaloming ila meni jonlantirgin!

26Yo‘llarimni Senga ochganimda, meni eshitding;

Qonun-qoidalaringni menga o‘rgatgin!

27Buyruqlaring yo‘lini menga anglatgin,

Toki mo‘jizalaringni teran o‘ylab olayin!

28Jonim g‘am-g‘ussadan ado bo‘lmoqda,

Kaloming bilan meni mustahkamlagin!

29Yolg‘onchilik yo‘lin mendan uzoqlashtir,

Qonuning rohini men uchun o‘nglagin!

30Men sadoqat yo‘lini tanlab,

Hukm-farmonlaringni oldimga qo‘ydim.

31Vahiylaringga qattiq yopishdim,

Meni sharmanda qilma, yo Rabbim!

32Sen yuragimni keng qilgan sayin,

Amrlaring yo‘lidan yelib borarman.

 

(He)

 

33Ey Xudovand,

Qonun-qoidalaring yo‘lini menga o‘rgatgin,

Ularni oxirigacha tutib amalga oshirayin!

34Menga aql-idrok bergin,

Toki Qonuningga rioya qilayin,

Uni chin qalbdan saqlab yurayin!

35Meni amrlaring yo‘lidan yurgizgin,

Chunki undan men xushnud bo‘ldim.

36Yuragimni tamagirlikka emas,

O‘z shahodatingga moyil qilgin!

37Behuda ish-harakatlarga qaratma ko‘zim,

O‘z yo‘llaringda meni tirik tutgin!

38Sendan qo‘rqqanlarga bergan so‘zingni

O‘z qulingga ham barqaror qilgin!

39Men qo‘rqadigan haqoratni mendan uzoqlashtirgin!

Faqat Sening hukmlaring olijanobdir.

40Ha, Sening buyruqlaringni havas qildim,

O‘z adolating haqi jonlantirgin meni!

 

(Vov)

 

41Bergan va’dangga ko‘ra, ey Xudovand,

Inoyating va najoting menga kelsin!

42Shunda haqorat qilganlarga javob berarman,

Chunki Sening kalomingga ishonchim komil.

43Og‘zimdan haqiqat kalomini butunlay tortib olma,

Men Sening hukmlaringga umid bog‘laganman.

44Sening Qonuningni men hamma vaqt,

Doimo va abadiy saqlayman.

45Yuragim keng bo‘lib yuraveraman,

Zero buyruqlaringga ko‘nglim moyil.

46Shohlar qoshida shahodat keltiraman,

Seni deb sharmanda bo‘lmayin!

47Men amrlaringni ko‘p sevaman,

Ulardan huzur-halovat topaman.

48Mehr bilan qo‘l cho‘zaman amringga,

Farmonlaringni chuqur o‘ylab o‘rganaman.

 

(Zayn)

 

49Bandangga bergan so‘zingni eslagin,

Undan meni umidvor qilgansan-ku!

50Musibatim kunida tasallim shu bo‘lur:

Sening kaloming jonimga jon kiritur.

51Takabburlar meni ko‘p masxara qilishdi,

Men esa qaytmadim Qonuningdan.

52Azaliy hukmlaringni eslab Sening,

Men tasalli topmoqdaman, ey Xudovand.

53Qonuningni tashlab ketgan,

Yo‘l-yo‘rig‘ing bahridan kechgan fosidlardan

Meni vahima bosib ketdi.

54Shu g‘urbatsaromda nizomu qoidalaring

Ilhom bo‘ldi qo‘shiqlarimga mening.

55Ey Xudovand, tunda Sening ismingni eslab,

Qonuningga rioya qilishga azm qildim.

56Sening buyruqlaringni saqlaganim uchun,

Bu baxt menga nasib bo‘ldi.

 

(Het)

 

57Ey Xudovand, – dedim men, –

Kalomingni saqlashdir mening burchim.

58Men chin ko‘ngildan Senga yolvordim,

Va’dangga ko‘ra menga mehribonlik qilgin!

59Men yo‘llarimni o‘ylab ko‘rdimu,

Oyoqlarimni qoidalaring tomon burdim.

60Amrlaringni tutmoq uchun shoshildim,

Shu yo‘lda mutlaqo imillamadim.

61Betavfiqlar o‘z domiga tortdi meni,

Vale Sening Qonuningni unutmadim.

62Odil hukmlaring uchun shukr qilay deb,

Men yarim kechada ham turaman.

63Men barcha Sendan qo‘rqqanlarning,

Buyruqlaringni tutganlarning ulfatiman.

64Sening inoyating bilan to‘ladir yer yuzi,

Menga qoidalaringni o‘rgatgin, yo Rab!

 

(Tet)

 

65Ey Xudovand, O‘z kalomingga muvofiq

Shu qulingga yaxshilik qilgin!

66Menga a’lo did va farosat baxsh etgin,

Buyruqlaringga ishonchim komil mening.

67Jafo tortmasdan oldin adashar edim,

Endi esa kalomingni tutmoqdaman.

68Sen yaxshisan, yaxshilik qiluvchisan,

Qonunlaringni menga o‘rgatgin!

69Takabburlar orqamdan g‘iybatimni qiladilar,

Men esa chin qalbdan amrlaringni tutaman.

70Ularning yuragi charvi bog‘lab semirgan,

Men esa Sening Qonuningdan lazzat olaman.

71Jafo tortganim menga yaxshi bo‘libdi,

Chunki qonun-qoidalaringni o‘rganib oldim.

72Minglab oltinu kumushdan afzal bilaman

O‘z og‘zingdan chiqqan Qonuning Sening.

 

(Yud)

 

73Sening qo‘llaring meni yaratgan, barpo etgan,

Amrlaringni o‘rganishim uchun menga idrok bergin!

74Sendan qo‘rqqanlar meni ko‘rib sevinar,

Chunki Sening so‘zingga umid bog‘laganman.

75Ey Xudovand, hukmlaring odil ekanini bilaman,

Meni qiynaganingda ham vafodorlik qilding.

76Qulingga bergan va’dangga ko‘ra,

Iltifoting menga tasalli bo‘lsin!

77Rahm-shafqating menga kelsin va yashayman,

Sening Qonuningdir menga huzur beradigan.

78Meni nohaq sitam qilgan shakkoklar uyalsin,

Men Sening buyrug‘ingni fikrlab borayin.

79Sendan qo‘rqqan, shahodatingni bilgan

Barcha men tomon burilib kelsin.

80Men sharmanda bo‘lmasligim uchun,

Qoidalaring yo‘lida dilimni pok saqlayman.

 

(Kof)

 

81Najotingni kutib jonim ado bo‘lmoqda,

Kalomingga men umid bog‘laganman.

82Qachon menga tasalli berasan? – deya,

Kalomingga tikilib ko‘zim so‘nib bormoqda.

83Tutunda bujmayib qolgan meshga o‘xshayman,

Lekin Sening farmonlaringni unutmayman.

84Shu qulingning umri ham qancha bo‘lardi?

Izimga tushganlarni qachon hukm etarsan?

85Qonuningni mensimaydigan shakkoklar

Menga choh-chuqur qazidilar.

86Barcha amrlaring haqdir Sening.

Nohaq izimga tushganlarga qarshi turib,

Menga yordam yuborgin!

87Meni yer yuzidan yo‘q qilishlariga oz qoldi,

Biroq men amrlaringdan ko‘z yummadim.

88Inoyat qilib meni barhayot saqlagin,

O‘z og‘zingdan chiqqan shahodatni saqlab yurayin!

 

(Lomed)

 

89Ey Xudovand, Sening kaloming abadiydir,

U fazoda mahkam o‘rnatilgandir.

90Sadoqating nasldan-naslga o‘tadi,

Sen yerni mustahkam qilib yaratgansan.

91Qaroring ila bugungacha hammasi mavjud,

Sening qullaringdir borliq mavjudot.

92Qonuningdan tasalli topolmasaydim gar,

Men musibatdan yo‘q bo‘lib ketardim.

93Buyruqlaringni hech vaqt unutmayman,

Ular orqali menga hayot bag‘ishlading.

94Men Senikiman, xalos qilgin meni,

Sening amringni o‘zim talab qilganman.

95Betavfiqlar meni yo‘q etmoqni poyladi,

Men-chi shahodatingni dilimga tugib oldim.

96Har qanday kamolotning haddini ko‘rdim,

Sening amring esa hadsiz-poyonsizdir.

 

(Mem)

 

97Qonuningni men qanchalik sevaman,

Kun bo‘yi u fikr-xayolimda mening.

98Yovlarimdan ortiq dono qildi meni amring,

To abad meniki deb bilaman farmoning.

99Barcha ustozlarimdan aqlliroq bo‘ldim,

Chunon xayolimdan ketmas qonun-qoidalaring.

100Oqsoqollardan ham hikmatliroq bo‘ldim,

Zero Sening buyruqlaringni saqlab kelaman.

101So‘zingga rioya qilay deya tiydim men

Oyoqlarimni barcha yomon yo‘ldan.

102Sening hukmlaringdan qaytmadim,

Zero O‘zing menga ta’lim beryapsan.

103Kalomlaring tomog‘imga nechuk lazizdir,

Og‘zimga ular boldan ham shirin tatiydi!

104Buyruqlaringdan aql o‘rganganim uchun,

Har xil yolg‘on yo‘ldan nafratlanaman.

 

(Nun)

 

105Sening kaloming qadamlarim uchun chiroqdir,

Yo‘limga nur sochadigan yorug‘likdir.

106Haq qarorlaringni tutmoqqa ont ichdimu,

Qasamimga vafo ham qilaman.

107Men juda ko‘p jafo chekdim, yo Rab,

Kaloming ila menga jon baxsh etgin!

108Ey Xudovand, tilimdagi hamdu sanoni

Ko‘ngil qurbonligi kabi qabul etgin,

Hukmu qarorlaringni menga o‘rgatgin!

109Jonim nuqul hovuchimda bo‘lsa ham,

Lek Sening Qonuningni unutmadim.

110Fosiqlar menga qopqon qo‘ygan bo‘lsa-da,

Lek Sening amrlaringdan bosh tortmadim.

111Vahiylaringni abadiy meros qilib oldim,

Ular yuragimga shod-xurramlik bag‘ishlaydi.

112Nizom-qoidalaringga rioya qilmoqqa,

Umrbod, qat’iy qaror qildim.

 

(Somex)

 

113Ikkilanuvchilardan nafratlanaman,

Sening Qonuningni men sevaman.

114Panohim va qalqonim Sensan,

Sening so‘zingga umid bog‘laganman.

115Ey badkirdorlar, mendan uzoqlashing,

Xudoyimning amrlarini tutib yurayin!

116O‘z amring bo‘yicha mahkam ushla qo‘limdan,

Yashayverayin, ko‘nglimni sovitma umidimdan!

117Menga madad yuborgin, xalos bo‘layin,

Nizomlaringga sinchiklab qarayin mudom!

118Qoidalaringdan chiqqan barchani Sen rad qilasan,

Mana behudadir ularning hiylayu nayrangi!

119Yer yuzidagi hamma betavfiqlarni

Sen chiqitday supurib tashlaysan;

Men-ku Sening vahiylaringni sevaman.

120Sendan qo‘rqqanimdan vujudimni titroq bosdi,

Hukmlaringdan men juda qo‘rqaman.

 

(Ayn)

 

121Men insof va haqqoniyat yo‘lida harakat qildim,

Jabr qiluvchilar qo‘liga topshirma meni!

122O‘z qulingdan darig‘ tutma shafoating,

Takabburlar menga jabr-zulm qilmasin!

123Sening najotingga ko‘zim to‘rt bo‘ldi,

Odil hukmingni kutib ko‘zim nuri to‘kildi.

124Qulingga inoyat qilib ish ko‘rsatgin,

Amru farmonlaringni o‘rgatgin menga!

125Men Sening qulingman-ku,

Menga aql-idrok bergin,

Vahiylaringni fahmlab olayin!

126Xudovandning ish qilish vaqt-soati keldi,

Mana, Sening Qonuningni buzib yuribdilar!

127Menga qolsa, amrlaringni oltindan ham,

Eng sof tilladan ham ko‘proq sevaman.

128Hamma buyruqlaringni to‘g‘ri deb bilaman,

Har qanday yolg‘onchilikdan nafratlanaman.

 

(Pe)

 

129Vahiylaring ajoyibdir Sening,

Shul bois ularga yopishar jonim.

130Kaloming ochilib qolganda ziyo sochar,

G‘ofillarga aql-idrok berar.

131Og‘zimni keng ochib oh deyman,

Amrlaringga qanchalik zoriqaman!

132Ismingni sevguchilarga qilganingdek,

Menga ham qarab mehribonlik ko‘rsatgin!

133Amring ila qadamlarimni to‘g‘ri qil,

Hech bir yomonlik menga hukmron bo‘lmasin!

134Inson jabridan meni qutqargin,

Buyruqlaringni tutib borayin!

135Qulingga munavvar yuzingni ko‘rsatgin,

Nizom-qoidalaringni o‘rgatgin menga!

136Qonuningni buzganlar sababli

Ko‘z yoshimni daryoday to‘kib yuraman.

 

(Sode)

 

137Sen odilsan, ey Xudovand,

Hukmlaring esa to‘g‘ridir Sening.

138Vahiylaringni barhaq qilib buyurgansan,

Ular tamomila ishonarlidir.

139Jahdu g‘ayratim meni ado etmoqda,

Kalomingni esdan chiqaryapti-ku yovlarim!

140Sening kaloming juda musaffodir,

Quling unga qanchalik mehr qo‘ygan!

141Men kichikman, xo‘rlanganman,

Lekin buyruqlaringni unutmayman.

142Sening adolating – mangu alolat,

Qonuning esa – haqiqatdir.

143Men azob va mashaqqatga yo‘liqdim,

Amrlaring-chi menga zavq bag‘ishlar.

144Vahiylaring abadiy adolatdir,

Menga idrok bergin va yashayman.

 

(Quf)

 

145Chin ko‘ngildan yolvoryapman,

Menga javob bergin, ey Xudovand!

Sening qonun-qoidalaringni saqlayman.

146Senga yolvoryapman, qutqargin meni,

Toki shahodatingga sodiq qolayin!

147Sahar chog‘i turib nolayu fig‘on qilaman,

Sening so‘zingga umid bog‘layman.

148Kalomingni fikr qilib tunni tongga ulayman,

Ko‘zlarimga uyqu bermayman aslo.

149Inoyat qilib ovozimni eshitgin, yo Rabbim,

Adolat qilib menga jon bergin!

150Fisq-fasod payidan bo‘lgan buzuq niyatlilar

Qonuningdan uzoqlashib, menga yaqinlashdilar.

151Biroq Sen juda yaqinsan, ey Xudovand,

Barcha amrlaring esa haqiqatdir.

152Vahiylaringni azaliy deb bilaman,

Sen ularni mangu barqaror qilgansan.

 

(Resh)

 

153Tushkunligimni ko‘ru, meni qutqargin,

Chunki Sening Qonuningni unutmadim!

154Da’vomga chora qil, meni himoya etgin,

Va’dangga ko‘ra meni jonlantirgin!

155Betavfiqlar qutulishdan uzoqdir,

Chunki ular nizomingni izlamaydilar.

156Sen esa-chi ko‘p rahmdilsan, ey Xudovand,

O‘z hukmu qaroring ila jonimni kiritgin!

157Meni ta’qib qilayotgan dushmanlarim ko‘p,

Biroq Sening shahodatingdan men chiqmadim.

158Kalomingga amal qilmaydigan xoinlarni ko‘rib,

Men qattiq nafratlandim.

159Qara, Sening amrlaringni men qanday sevaman!

Ey Xudovand, lutf qilib meni jonlantirgin!

160Sening kaloming asosi haqiqatdir,

Har bir adolatli hukming abadiydir.

 

(Shin)

 

161Beklar sababsiz orqamdan tushdilar,

Dilimga esa Sening kaloming qo‘rquv solar.

162Men Sening va’dangni eshitib,

Katta g‘animat topganday xursand bo‘ldim.

163Yolg‘onchilikdan nafratlanib jirkanaman,

Lekin Sening Qonuningni sevaman.

164Men adolatli hukmlaringni kuylab,

Har kuni yetti marta Senga sano aytaman.

165Qonuningni sevganlarga buyuk xotirjamlik yordir,

Ularning oyog‘i to‘siqqa qoqilib ketmas.

166Najotingga umid bog‘ladim, ey Xudovand,

Sening amrlaringni bajarib boraman.

167Vahiylaringni qalbimda saqlab yuraman,

Ularni jon-dilim bilan sevaman.

168Buyruq va nizomlaringni tutaman,

Barcha yo‘llarim Sening oldingda ayondir.

 

(Tov)

 

169Faryodim Senga borib yetsin, ey Xudovand,

Kaloming bilan menga fahm-idrok bergin!

170Yolvorib-yalinishim Senga borib yetsin,

So‘zingga yarasha meni xalos qilgin!

171Nizomlaringni menga o‘rgatar ekansan,

Senga maqtovlar tilimdan tushmasin!

172Sening barcha amrlaring adolatli ekan,

Irnim kalomingni tarannum etsin!

173Qo‘ling menga yordam bermoqqa shay bo‘lsin,

Sen buyurgan amrlarni men tanlaganman.

174Najotingni havas bilan izlayman, yo Rabbim,

Qonuning esa zavqu ovunchog‘im bo‘ldi mening.

175Jonim yashasin, Senga maqtovlar o‘qisin,

Hukmlaring menga yordam bersin!

176Yo‘qolgan qo‘y kabi yo‘ldan adashdim;

Sen shu qulingni axtarib topgin,

Chunki amrlaringni unutmadim.

 

119–SANO

 

Makkordan xalos bo‘lish uchun munojot

 

ZIYORAT* QO‘SHIG‘I.

 

 

1Xudovandga dod qildim men tangligimda,

U esa quloq soldi faryodimga.

2Yolg‘onchi lablardan, makkor tildan

Jonimni asragin, yo Rabbiy!

3Hoy makkor til-yey,

Senga ne nasib bo‘lar ekan?

Nelar orttirar ekan senga Tangri?

4Bahodirning o‘tkirlashgan o‘qlariyu,

Qizg‘in yulg‘un cho‘g‘i nasib etgusi.

5O‘zimning holimga voy, deyman,

Mana, kofirlar* o‘rtasida qolibman-ku,

Imonsizlar* chodiridan chiqmay qoldim!

6Tinchlik dushmanlari birla uzoq yashab,

Ancha qiynadim men jonimni!

7Men tinchlik tarafdoriman,

Illo og‘zimni ochay desam,

Ular urushni istaydilar.

 

120–SANO

 

Seni Xudovand qo‘riqlaydi

 

ZIYORAT QO‘SHIG‘I.

 

 

1Tog‘larga ko‘zlarimni tikaman,

Menga madad qayerdan kelar ekan?

2Xudovand yeru osmonni yaratgan,

Undan kelar menga madad.

3Oyoqlaring qoqilishiga U yo‘l qo‘ymagay,

Sening Qo‘riqchingdir U, uxlamagay aslo!

4Ha, Isroilni Qo‘riqlovchi mudramas,

U mijja ham qoqmas.

5Xudovand sening Qo‘riqchingdir,

O‘ng tomoningdagi soyaboningdir U.

6Kunduzi quyosh seni urmas,

Kechasi oy senga zarar yetkazmas.

7Har bir badbaxtlikdan seni asrar,

Joningni ham qo‘riqlar Xudovand.

8Hozirdan boshlab to abadga qadar

Chiqish va qaytishingni Xudovand asrar.

 

121–SANO

 

Quddusga tinchlik tilash

 

DOVUDNING ZIYORAT QO‘SHIG‘I.

 

 

1Xudovandning uyiga boramiz!

– deganlardan xursand bo‘ldim.

2Sening darvozalaring ostonasida

Oyoqlarimiz turgan edi, Quddus!

3Uylaring bir-biriga tutash,

Mahkam qurilgan shaharsan, Quddus!

4U shaharga qabilalar borib kirdi,

Xudovandning qabilalari borib kirdi.

Xudovand ismini madh etmoq –

Ana bu Bani-Isroilga buyurilgan amr.

5O‘sha yerda hukm qilish uchun taxtlar qurilgan,

Dovud xonadoni uchun minbarlar qurilgan.

6Quddusga tinchlik tilangiz:

Seni sevguchilar huzur ko‘rgay!

7Devorlaring ichra tinchlik,

Qasrlaring aro osoyish bo‘lg‘ay!

8Qardoshu qondoshlarim uchun deyman:

Senga tinchlik hamroh bo‘lg‘ay!

9Rabbi Xudovandimiz xonadoni xotiri uchun

Senga ezgulik tilayman.

 

122–SANO

 

Qullarning tikilgan ko‘zlari

 

ZIYORAT QO‘SHIG‘I.

 

 

1Ko‘zlarimni Senga tikaman,

Ey, osmoni falakda o‘ltirgan Egam!

2Xuddi qullarning ko‘zlari xo‘jayini qo‘liga,

Kanizlarning ko‘zlari bekasi qo‘liga tikilganday,

Bizning ko‘zimiz Rabbi Xudovandimizga tikilgan,

To U bizga mehribonlik qilguniga qadar.

3Bizga mehribonlik qilgin, ey Xudovand!

Bizga mehribonlik aylagin,

Zero haqoratdan juda to‘yganmiz.

4Rohatda yashovchilarning masxarasidan,

Dimog‘i ko‘tarilganlarning haqoratidan

Jonimiz juda ham to‘ygandir..!

 

123–SANO

 

Dushmandan qutulganlar madhiyasi

 

DOVUDNING ZIYORAT QO‘SHIG‘I.

 

 

1Agar Xudovand biz bilan bo‘lmasa edi,

– desin Isroil, –

2Banibashar bizga qarshi chiqqanda,

Agar Xudovand biz bilan bo‘lmasa edi,

3Ular ashaddiy qahr-g‘azabi bilan

Tiriklayin bizni yutib yuborishar edi.

4Unda suvlar bizni bosib qolar,

Jonimiz ustidan sellar quyular edi.

5Unda suvlar shovullab toshib,

Jonimiz ustidan bosib o‘tar edi.

6Xudovandni olqishlaylik, chunki

Yirtqichlarga o‘lja qilib qo‘ymadi bizni.

7Ovchilar qopqonidan qochib qutuldi

Jonimiz bizning, bamisoli qush;

Qopqon sinib, biz qochib qutuldik.

8Yeru osmonni yaratgan Parvardigor –

Xudovandning ismidandir madadimiz.

 

124–SANO

 

Xudovand ahli mo‘minning atrofida

 

ZIYORAT QO‘SHIG‘I.

 

 

1Xudovandga umid bog‘laganlar Sion tog‘idaydir:

U tebranmas, mustahkamdir ilalabad.

2Quddus-chi tog‘u tepa uning atrofidadir,

Xudovand esa O‘z xalqining atrofidadir,

Hozirdan boshlab to ilalabad.

3Xudovand fosiqlarning hukm hassasini

Solihlar taqdiriga ustun qo‘ymas, toki

Solihlar nohaq ishga qo‘l urmasin zinhor.

4Yaxshilarga, yuragi to‘g‘rilarga

O‘zing yaxshilik qilgin, ey Xudovand!

5O‘zlarining qing‘irligi ila yuruvchilarni esa

Xudovand badkirdorlar bilan irg‘itib tashlar.

Isroilga tinchlik yor bo‘lsin!

 

125–SANO

 

Ozod bo‘lganlarning shodiyonasi

 

ZIYORAT QO‘SHIG‘I.

 

 

1Xudovand Sion ahlini surgundan qaytarganda,

Biz tush ko‘rayotganlarday bo‘lar edik.

2Shu kez og‘zimiz kulgi ila to‘lib-toshar,

Tilimizdan esa uzilmas edi tarannum.

Shu kez el-xalqlar orasida:

«Xudovand ular uchun buyuk ishlar yaratdi»,

– degan gap-so‘z yoyilar edi.

3Ha, Xudovand biz uchun buyuk ishlar yaratdi,

Bundan biz xurram bo‘lar edik.

4Ey Xudovand, Janubistondagi sellarni

Mavsumida Sen qanday qaytarib tursang,

Surgunda bo‘lganlarimizni shunday qaytargin!

5Ko‘z yoshi bilan ekin ekkanlar

Xursandchilik bilan hosil ko‘tarar.

6Oh-zor bilan urug‘ini sepgan dehqon

Bog‘-bog‘ bug‘doy ko‘tarib kuylab qaytar.

 

126–SANO

 

Har bir baraka Xudodan

 

SULAYMONNING ZIYORAT QO‘SHIG‘I.

 

 

1Agar uyni Xudovand qurmasa,

Quruvchilar bekorga ishlaydi;

Agar shaharni Xudovand qo‘riqlamasa,

Qorovul bekorga bedor qoladi.

2Bekorga sizlar sahar turib,

Tungi uyqudan qolasizlar,

Bekorga g‘am-g‘ussa nonini yeysizlar.

Mana, Xudoning mahbubiga uyqu nasib etar.

3Mana o‘g‘illar – Xudovand bergan nasiba,

Farzandlar – Xudovand bergan mukofotdir.

4Botirning qo‘lida o‘qlar qanday bo‘lsa,

Yoshlik chog‘ida ko‘rgan o‘g‘illari shundaydir.

5O‘qdoni ular bilan to‘lgan er baxtli!

Maydonda dushmanlari bilan da’volashsa,

Elning ko‘zi oldida sharmanda bo‘lmas.

 

127–SANO

 

Xudojo‘yning huzur-halovati

 

ZIYORAT QO‘SHIG‘I.

 

 

1Baxtlidir Xudovanddan qo‘rqadigan,

Uning yo‘llaridan yuradigan har bir inson!

2Qo‘l mehnating samarasini yer ekansan,

Huzur-halovatga noil bo‘lursan.

3Xotining hovling ichra o‘tqazilgan

Serhosil tok novdasi kabi bo‘lur.

Dasturxoning atrofidagi o‘g‘illaring

Zaytun ko‘chatlari singari bo‘lurlar.

4Mana qarang Xudodan qo‘rqqan erni,

U qanchadan-qancha barakaga erishur!

5Xudovand seni Siondan tabarruk qilgay!

Sen butun hayoting davomida

Quddusning gullab-yashnashini ko‘rgaysan.

6Hatto o‘g‘illaring o‘g‘illarini ko‘rgaysan.

Isroilga tinchlik yor bo‘lsin!

 

128–SANO

 

Sion dushmanlarining yiqilishi

 

ZIYORAT QO‘SHIG‘I.

 

 

1Yoshligimdan beri meni ko‘p jabrladilar,

– desin Isroil, –

2Yoshligimdan beri meni ko‘p jabrladilar,

Biroq meni yenga olmadilar.

3Orqamda qo‘shchilar yer haydab,

Uzun egatlar ochdilar.

4Xudovand esa-chi adolatparvardir,

U fosiqlar kishanlarin sindirib tashladi.

5Barcha Siondan nafratlanuvchilar

Sharmanda bo‘lib orqaga qaytsinlar!

6Yulinmasdan oldin qurib ketgan

Tom ustidagi o‘t kabi bo‘lsinlar!

7U bilan na o‘roqchining hovuchi,

Na bog‘ bog‘lovchining qo‘yni to‘lar.

8O‘tgan-ketgan o‘roqchilarga aytishmasin:

«Xudovand sizga baraka bersin!» – deya,

«Xudovand nomidan sizni muborakbod etamiz!»

– deb ham aytishmasin zinhor.

 

129–SANO

 

Gunohni Kechiradiganga umid

 

ZIYORAT QO‘SHIG‘I.

 

 

1Ey Xudovand,

Chuqurliklardan Seni chorlayapman!

2Yo Rabbiy, ovozimni tinglagin,

Yolvorishimga quloqlaring diqqat qilsin!

3Yohu Rabbano!

Sen gunohlarni hisobga olsang,

Kim ham tura olar ekan?

4Biroq, Sen kechirimlisan;

Shu sabab el Sendan qo‘rqsin.

5Xudovandga umid bog‘ladim,

Jonim bilan umid bog‘ladim,

Uning amriga muntazirman.

6Qorovulning saharni kutishidan ko‘ra,

Posbonning tongni kutishidan ko‘ra,

Jonim Rabbimga ko‘proq muntazirdir.

7Isroil Xudovandga umid bog‘lasin!

Xudovand rahm-shafqatlidir,

Jon isqotini O‘zi mo‘l beradi.

8O‘zi forig‘ qiladi Isroilni

Barcha gunohlaridan.

 

130–SANO

 

Tinchigan qalb

 

DOVUDNING ZIYORAT QO‘SHIG‘I.

 

 

1Ey Xudovand, dilimda mag‘rurlik yo‘q,

Ko‘zlarim takabburona boqmaydi.

Men yeta olmaydigan, ajib ishlarga kirishmayman.

2Jonimni tinchitdim men, osudaman.

Onasi quchog‘ida yotgan emiziksiz go‘dak,

Sutdan chiqarilgan chaqaloq kabi

Bag‘rimda yotibdi jonim mening.

3Hozirdan to ilalabad Isroil

Xudovandga umid bog‘lasin!

 

131–SANO

 

Dovud shahri – Xudovand shahri

 

ZIYORAT QO‘SHIG‘I.

 

 

1Ey Xudovand, Dovudni ham,

Barcha qayg‘ularini ham eslagin!

2U Xudovand huzurida qasam ichgan,

Yoqubdek Jabborga nazr atab degan:

3«Men uyimga kirmayman,

To‘shagim uzra yotmayman,

4Ko‘zlarimga uyqu kelmagay,

Yumilmagay qovoqlarim ham,

5To Xudovandga bir makon topmagunimcha,

Manzil qurmagunimcha Yoqub qo‘rqqan Jabborga».

6Ahd Sandig‘i Efratda*, deb eshitgan edik,

Ya’ar* qirlarida esa uni topib oldik.

7Keling, Xudoning maskaniga kiraylik,

Oyoqlari ostiga yiqilib sajda qilaylik!

8Turgin, ey Xudovand,

Rohatlanadigan yeringga chiqqin,

O‘zing ila qudratli Sandig‘ing birla!

9Ruhoniylaring solihlik ila kiyinsin,

Azizlaring sevinch-la tarannum etsin!

10Quling Dovudning xotiri uchun,

O‘z tanlaganingdan yuz o‘girmagin!

11Xudovand Dovudga ont ichgan edi,

So‘zi barqarordir, U so‘zidan qaytmas:

«Taxtingga o‘z urug‘ingdan odam o‘tqazaman.

12Agar o‘g‘illaring Mening ahd-paymonimga,

O‘zim o‘rgatgan shahodatga rioya qilsalar,

O‘g‘illaring o‘g‘illari ham taxtingga o‘tirar, to abad».

13Zotan, Xudovand Sionni tanladi,

O‘ziga maskan uchun u yerni xohladi.

14«Rohatlanadigan yerim shudir to abad,

Bunda o‘rnashaman, bu yerni xohladim, – dedi,

15Ozuqalarini barakali qilib beraman,

Nonga to‘ydiraman faqir-fuqarolarin.

16Ruhoniylariga najot kiyimini kiydiraman,

Buyuk sevinch-la kuylab borar azizlarim.

17O‘sha yerda Dovudga saltanat paydo qilaman,

Tanlaganimga yonar chiroqni muhayyo qilaman.

18Dushmanlarini sharmandalik bilan qoplayman,

Boshidagi toji esa gullab-yashnagay».

 

132–SANO

 

Birodarona inoqlik

 

DOVUDNING ZIYORAT QO‘SHIG‘I.

 

 

1Birodarlarning inoq bo‘lib yashashi

Mana, qanday yaxshi va qanday soz!

2Boshga surtilgan xushbo‘y yog‘ kabidir bu,

Ha, Horunning* soqoliga oqib tushgan,

To‘ni yoqasigacha oqib tushgan moydekdir.

3Sion tepaliklarigacha tushib kelgan

Ko‘hi Hermo‘n shabnami kabidir bu.

Zero Sionda Xudovand barakatni,

Abadiy hayotni amr etgan.

 

133–SANO

 

Xudovandning barcha bandalari!

 

ZIYORAT QO‘SHIG‘I.

 

 

1Ey sizlar, Xudovandning barcha bandalari,

Kechalari Xudovandning uyida turganlar,

Xudovand sha’niga hamdu sano aytinglar!

2Uning muqaddas makoniga tomon

Qo‘llaringizni yuqoriga cho‘zing-da,

Hamdu sano aytinglar Xudovandga!

3Osmon va yerni yaratgan Xudovand

Seni Siondan turib tabarruk qilgay!

 

134–SANO

 

Qodir Xudovandni kuylash

 

1Hamdlar bo‘lsin!

Hamdlar o‘qing, ey Xudovand qullari,

Xudovandning ismiga hamdlar o‘qing!

2Ey siz, Xudovandning uyida turganlar,

Xudoyimiz hovlilarida xizmat qilayotganlar,

3Xudovandni maqtanglar, chunki U ezgudir,

Ismini tarannum eting, chunki u olijanobdir!

4Zeroki Xudovand O‘ziga Yoqubni,

Azizim deb Isroilni tanlagan.

5Men bilaman, Xudovand ulug‘dir,

Ha, Rabbimiz barcha xudolardan ulug‘dir.

6Yer va osmonda ham,

Dengizlar va hamma tubsiz joylarda ham

Xudovand istaganini yarataveradi.

7Yerning chetidan U bulutlarni chiqaradi,

Yomg‘ir ichra chaqmoqlarni chaqnatadi,

O‘z xazinalaridan yelni ham chiqaradi.

8Udir Misrning to‘ng‘ichlarini qirgan,

Insondan tortib hayvonga qadar.

9Misr o‘rtasida, Fir’avnning ko‘zi o‘ngida,

Fir’avnning barcha qullari ko‘zi o‘ngida

U karomatli ajoyibotlar paydo qilgan.

10U ancha elu xalqlarni qirgan,

Qudratli shohlarni tig‘dan o‘tkazgan.

11Amo‘riylar shohi Siho‘nni ham,

Bashan podshohi O‘gni ham,

Butun Kan’on shohliklarini ham

U ag‘darib tashlagan.

12Ularning yer-mulkini tortib olib,

O‘z xalqi Isroilning mulkiga qo‘shib bergan.

13Ey Xudovand, Sening noming abadiydir,

Nasllarcha davom etar xotirang, ey Xudovand.

14Xudovand O‘z xalqini hukm qilar,

O‘z qullariga rahm-shafqat aylar.

15Majusiylarning manfur sanamlari kumush va oltindir,

Inson qo‘llarining ish-amalidir.

16Ularning og‘zi bor, lek so‘zlamaydilar,

Ularning ko‘zlari bor, lek ko‘rmaydilar.

17Quloqlari bor-u, eshitmaydilar,

Og‘izlaridan esa nafas chiqarmas.

18Ularni yasagan kishi,

Ularga e’tiqod qilgan barcha

Xuddi ularga o‘xshab qolur.

19Ey Isroil xonadoni, Xudovandni olqishlang!

Ey Horun xonadoni, Xudovandni olqishlang!

20Ey Leviy xonadoni, Xudovandni olqishlang!

Ey Xudovanddan qo‘rqqanlar, Uni olqishlang!

21Quddusda maskan topgan Xudovand sha’niga

Sionda hamdu sanolar o‘qilsin!

Hamdlar bo‘lsin!

 

135–SANO

 

Abadiydir Uning inoyati!*

 

1Xudovandga shukr qiling,

U olijanobdir, abadiydir inoyati!

2Xudolar Xudosiga shukr qiling,

Abadiydir Uning inoyati!

3Hokimlar Hokimiga shukr qiling,

Abadiydir Uning inoyati!

4Yolg‘iz O‘zi buyuk mo‘jizalar yaratgan,

Abadiydir Uning inoyati!

5Osmonni U hikmat bilan yaratgan,

Abadiydir Uning inoyati!

6Yerni suvlar ustida o‘rnatgan,

Abadiydir Uning inoyati!

7Buyuk osmon yoritqichlarin yaratgan,

Abadiydir Uning inoyati!

8Kunduzi hukm surmog‘i-chun quyoshni yaratgan,

Abadiydir Uning inoyati!

9Tunda hukm surmog‘i-chun oy va yulduzlarni yaratgan,

Abadiydir Uning inoyati!

10Misrdagi to‘ng‘ichlarni Qirganga shukr qiling,

Abadiydir Uning inoyati!

11U Bani-Isroilni o‘rtalaridan olib chiqqan,

Abadiydir Uning inoyati!

12Ularni O‘zining baland qo‘li ila,

O‘zining cho‘zilgan qo‘li ila ozod qilgan,

Abadiydir Uning inoyati!

13Qizil dengizni ikkiga bo‘lgan,

Abadiydir Uning inoyati!

14Bani-Isroilni dengiz o‘rtasidan o‘tkazgan,

Abadiydir Uning inoyati!

15Fir’avn va lashkarin Qizil dengizga ag‘dargan,

Abadiydir Uning inoyati!

16Xalqini cho‘ldan O‘tkazganga shukr qiling,

Abadiydir Uning inoyati!

17U buyuk podshohlarni qirib tashlagan,

Abadiydir Uning inoyati!

18Shuhrati baland shohlarni o‘ldirgan,

Abadiydir Uning inoyati!

19Amo‘riylar shohi Siho‘nni o‘ldirgan,

Abadiydir Uning inoyati!

20Bashan podshohi O‘gni nobud qilgan,

Abadiydir Uning inoyati!

21Ularning yerini meros qilib bergan,

Abadiydir Uning inoyati!

22O‘z quli Isroilga meros qilib bergan,

Abadiydir Uning inoyati!

23Xor bo‘lganimizda U bizni eslagan,

Abadiydir Uning inoyati!

24Yovlarimizdan bizni xalos etgan,

Abadiydir Uning inoyati!

25Har bir jonga rizqini Beruvchiga shukr qiling,

Abadiydir Uning inoyati!

26Osmon Tangrisiga shukr qiling,

Abadiydir Uning inoyati!

 

136–SANO

 

Surgundagi xalqning nolayu faryodi

 

1Bobil nahrlari bo‘yida o‘tirib,

Biz Sionni eslab yig‘lar edik.

2Bobil bag‘ridagi tol daraxtlariga

G‘ijjaklarimizni osib qo‘ygan edik.

3Chunki bizni asir qilib olganlar

Bizni u yerda masxara qilar,

Bizdan qo‘shiq aytib berishni so‘rar,

«Sion qo‘shiqlaridan aytib beringlar!»

– deb jonimizni qiynar edilar.

4Ammo begona yerda ekanmiz,

Xudovandning qo‘shig‘ini qanday aytaylik?

5Agar seni unutsam, ey Quddus,

O‘ng qo‘lim meni unutsin!

6Ey Quddus, agar seni eslamasam,

Eng cheksiz sevinchimdan yuqori tutmasam,

Tilim tanglayimga yopishib qolsin!

7Quddusga falokat kelgan kunda:

«Uni tubigacha yalang‘ochlang,

Uni xarob qilib tashlang!» – degan

Edo‘m o‘g‘illarini esga olgin, ey Xudovand!

8Ey, vayronagarchilik qizi – Bobil!

Bizga qilgan yomonliklaring uchun

Sendan o‘ch olguchi baxtli bo‘lur!

9Go‘daklaringni olib qoyaga urib,

Tilka-pora qilguchi baxtli bo‘lur!

 

137–SANO

 

Xudovandning mehribonligiga shukrona

 

DOVUD SANOSI.

 

 

1Ey Xudovand,

Chin ko‘ngildan Senga shukr qilib,

Ilohlar qarshisida Seni kuylayman.

2Muqaddasma’bading tomon sajda qilib,

Inoyatu sadoqating uchun shukr qilaman,

Ulug‘ nomingga tan beraman Sening.

Sen nomingdan ham ulug‘ va’da bergansan.

3Chaqirgan kunimda menga quloq solding,

Ko‘nglimni ko‘tarib tetik qilding.

4Ey Xudovand,

O‘z og‘zingdan chiqqan amrlarni eshitganlarida,

Yer yuzi shohlari hammasi Senga shukr qiladilar.

5Xudovandning yo‘llarini kuylaydilar,

Chunki shuhrati buyukdir Xudovandning!

6Xudovand yuksak bo‘lib, yuvoshlarga boqar,

Mag‘rurlarni esa uzoqdangina tanir.

7Musibatlar ichida yursam ham,

Sen mening ruhimni ko‘tarasan;

Yovlarim g‘azabiga qarshi qo‘l ko‘tarib,

Kuchli o‘ng qo‘ling ila meni qutqazasan.

8Xudovand mening ishimni ro‘yobga chiqazar.

Sening inoyating abadiydir, ey Xudovand,

O‘zing yaratganlarni hech vaqt tashlab qo‘ymagin!

 

138–SANO

 

Xudovand meni biladi

 

IJROCHILAR RAHBARIGA. DOVUD SANOSI.

 

 

1Ey Xudovand, Sen meni sinading

Hamda bilib olding.

2O‘tirib-turishlarimni Sen bilasan,

Xayollarimni uzoqdan anglaysan.

3Yurishimu yotishimni Sen tekshirasan,

Barcha yo‘llarim Senga ravshandir.

4Biron gapni aytmoqqa tilim bormasdan,

Sen hammasini bilasan, ey Xudovand.

5Oldimdan va orqamdan meni o‘rab olib,

Qo‘lingni ustimga qo‘ygansan.

6Bu mening tushuncham uchun g‘oyat ajibdir,

Yuksakdir, aqlim bovar qilmas.

7Sening Ruhingdan qayerga ham ketar edim?

Sening huzuringdan qayerga qochib boraman?

8Agar osmonga o‘rlasam, Sen u yerdasan,

O‘liklar diyoriga tushay desam,

O‘sha yerda ham Sen borsan.

9Saharning qanotlarini olib uchsam,

Dengiz chetlarigacha ko‘chib o‘rnashsam,

10O‘sha yerda ham Sening qo‘ling meni yetaklar,

Ha, kuchli o‘ng qo‘ling meni ushlab turar.

11Agar men: Zulmat meni o‘rab olsin,

Atrofimdagi yorug‘lik tunga aylansin, – desam-da,

12Hatto zulmat ham Sen uchun qora emas,

Tunni go‘yo kunduzdek yorug‘ ko‘rasan.

Qorong‘u va yorug‘ Sen uchun bari birdir.

13Butun ichlarimni Sen bunyod etding,

Onam qornida meni tashkil qilding.

14Senga shukrlar qilaman,

Men haybatli suratda yaralganman,

San’ating ajoyibdir Sening,

Buni jon deb tan olaman.

15Shaklim Senga sir emas edi;

Pinhona vujudga kelganimni,

Yerning tuban joylarida to‘qilganimni,

Hammasini ham Sen bilasan.

16Hamon pusht shaklida ekanman,

Ko‘zlaring ko‘rardi meni.

Hali bir kun ham yashamaganimda,

Sen kunlarimni tayin qilib,

Hammasini kitobingga yozgan eding.

17Sening muddaolaring menga juda azizdir,

Ular qanchadan-qanchadir, ey Tangrim!

18Ularni sanab chiqadigan bo‘lsam,

Qum zarralaridan ko‘proq bo‘lib chiqar.

Men bir uxlab, uyg‘onsam,

Hali ham Sen bilan birgaman.

19Ey Xudo, koshki Sen fosiqni o‘ldirsang edi!

Uzoqlashinglar mendan, barcha qonxo‘rlar!

20Nopok niyat bilan Seni tilga oladilar,

Behuda ishlarni xayol qiladilar g‘animlaring.

21Ey Xudovand, Sendan nafratlanganlardan

Men nafratlanmayinmi?

Senga qarshi chiqqanlardan jirkanmayinmi?

22Bor nafrat bilan ulardan jirkanaman,

O‘zimga dushman deb bilaman ularni!

23Ey Tangrim,

Meni sinab, yuragimni bilib olgin!

Meni tekshirib, xayollarimni o‘rganib chiqqin!

24Ko‘rgil-chi, yo‘limda biron xafalik bormikin?

Abadiyat yo‘liga meni yo‘naltirgin!

 

139–SANO

 

Yovuzlardan qutulish uchun munojot

 

IJROCHILAR RAHBARIGA. DOVUD SANOSI.

 

 

1-2Ey Xudovand,

Meni yomon odamdan qutqargin,

Zolimdan asrab qolgin meni!

3Ular yuragida yovuz niyatlarni to‘qib,

Kundan-kunga urush qo‘zg‘aydilar.

4Ilon kabi tillarini qayraydilar,

Lablari uchida qora ilon zahridir.

SALOT

5Ey Xudovand, fosiq qo‘lidan meni saqlagin,

Zolim odamdan asrab qolgin meni!

Ular meni turtib, yo‘ldan toydirmoqchi.

6Mag‘rurlar men uchun dom yashirishdi,

Borar yo‘lim chetiga to‘ru ilmoq,

Qopqonu tuzoq yoyib qo‘yishdi.

SALOT

7Mening Tangrim Sensan, dedim Xudovandga.

Yolvorishimga quloq bergin, ey Xudovand!

8Yo Xudoyo Xudovando!

O‘zingsan quvvatimu najotim mening,

Jang kunida O‘z panohingda asrading.

9Fosiqlar tilagini bermagin, yo Rabbiy!

Yovuz niyatlariga omad bersang gar,

Ular mag‘rurlanib ketar!

SALOT

10Meni o‘rab olganlarning til uchidagi yomonligi

O‘z boshiga qaytib ularni shuvut qilsin!

11Boshlariga yonayotgan cho‘g‘lar yog‘sin,

Otashga, tubsiz chuqurliklarga tashlansin,

Qaytib u yerdan chiqmasinlar!

12Til qayrovchi odam mamlakatda o‘rnashmasin,

Zolim izidan badbaxtlik quvib halok qilsin!

13Bilaman, Xudovand mazlumni himoya qilar,

Bechoraholni U adolatli hukm qilar.

14Solihlar-chi Sening ismingga shukr qilar,

Sofdillar bari Sening huzuringda yashar.

 

140–SANO

 

Yomon yo‘ldan saqlash uchun ibodat

 

DOVUD SANOSI.

 

 

1Ey Xudovand,

Senga yolvoryapman, menga shoshilgin!

Chaqirgan chog‘im tavallomga quloq solgin!

2Ibodatim isiriq kabi tutab,

Sening oldingga yetib borsin;

Duoga qo‘l cho‘zishlarim esa Senga

Shom qurbonligiday maqbul bo‘lsin!

3Ey Xudovand, og‘zimga posbon qo‘ygin,

Irnim eshigini ihota qilgin!

4Yuragimni yomon yo‘lga mayl qilmagin,

Yovuz odamlarning kirdikorlarigagin,

Yomon qilmishlariga havaslantirma,

Ularning mazasidan men lazzat olmayin!

5Solih meni urar ekan – bu inoyatdir,

U meni fosh qilar ekan – boshimga moydir,

Bundan men bosh tortmayman mutlaqo.

Vale hanuzgacha mening ibodatim

Yovuzlarning yovuzligiga qarshi qaratilgan.

6Ularning beklari qoyaga urilib nobud bo‘lganda,

Mening so‘zlarimga ular quloq solajaklar,

Yoqimli so‘zlar ekanini tushunajaklar.

7Xuddi yer haydagandek bizni chopib-tilib,

Suyaklarimizni o‘liklar diyoriga sochib yubordilar.

8Mening ko‘zlarim esa Senga tikilgan,

Yo Rabbim! Ey Xudovand!

Sendan panoh topgan ekanman,

Zinhor itqitib tashlama jonim!

9Menga qasd qilib qo‘yilgan domdan,

Qonunsizlar tuzog‘idan saqlagin meni!

10Men bemalol o‘tib ketar ekanman,

Fosiqlar o‘z to‘rlariga tushib qolsinlar.

 

141–SANO

 

Jafokashlar dod-fig‘oni

 

DOVUDNING G‘ORDALIGIDAGI QASIDASI. IBODAT.

 

 

1Ovozim Xudovandga yetib borsin,

Nolayu faryod qilaman.

Ovozim Xudovandga yetib borsin,

Tavallo qilib yalinaman.

2Ko‘nglimni Uning oldida ochaman,

Qayg‘ularimni Unga so‘zlab beraman.

3Tanimdagi ruhim holdan ketganda,

Sen borar yo‘limni bilar eding.

Men kelayotgan yo‘limda-ku

Men uchun ilmoq yashiribdilar.

4O‘ng tomonimga qarasam,

Meni taniydigan hech kim yo‘q,

Men uchun qochar joy qolmabdi,

Jonim haqida hech kim qayg‘urmayapti.

5Ey Xudovand, Senga faryod qildim:

Sensan mening panohim, dedim,

O‘zingsan tiriklar diyoridagi hissam mening.

6Nolamni tinglagil, juda toliqqanman!

Meni quvg‘in qilganlar qo‘lidan xalos etgin,

Ular mendan g‘oyat zo‘rdirlar!

7Ismingni madh etmog‘im uchun,

Zindondan chiqarib yubor jonimni!

Menga ezgulik qilganing uchun,

Solihlar atrofimga to‘planadilar.

 

142–SANO

 

Qutqarish, yo‘l ko‘rsatish uchun iltijo

 

DOVUD SANOSI.

 

 

1Ey Xudovand, ibodatimni eshitgin,

Sadoqating haqi tavallomga quloq solgin,

Adolating haqi menga javob bergin!

2Bandang bilan da’volashmagin,

Chunki yashaydiganlardan birortasi

Sening oldingda oqlana bilmas.

3Dushman jonim payiga tushdi,

Hayotimni oyoqosti qildi.

Dunyodan o‘tib ketganlar kabi,

Meni qorong‘ida yashashga majbur etdi.

4Tanimdagi ruhim juda tushkun,

Siynamdagi qalbim alamzada.

5Ilgarigi kunlarni eslayman,

Barcha ishlaringni fikrlab yuraman,

Qo‘llaring ijodi haqida o‘ylab yuraman.

6Qo‘llarimni Sen tomon cho‘zaman,

Jonim qurigan yer kabi Senga tashna.

SALOT

7Ey Xudovand, meni tezda eshitgin!

Sog‘inchdan ruhim holdan ketmoqda!

Yuzingni mendan yashirmagin, toki

Go‘rga kirganlar kabi bo‘lib qolmayin!

8Sahardan inoyatli so‘zingni eshittirgin,

Chunki Senga umid bog‘laganman.

Yuradigan yo‘limni menga ko‘rsatgin,

Chunki Senga ko‘ngil bog‘laganman.

9Dushmanlarimdan xalos qilgin, ey Xudovand!

Men Sening huzuringga yuguraman.

10Irodangni ado etishni menga o‘rgatgin,

Sensan mening Xudoyim!

Sening olihimmat Ruhing

Ravon yerlardan meni yetaklab borar.

11Ey Xudovand!

O‘z isming haqi meni jonlantirgin,

Adolating haqi meni kulfatdan qutqargin!

12Inoyating haqi dushmanlarimni qirib bitirgin,

Jonimga g‘ulu solganlarning barini yo‘q qilgin!

Axir, men Sening bandangman-ku!

 

143–SANO

 

Baraka tilash munojoti

 

DOVUD SANOSI.

 

 

1Qo‘llarimni jangga,

Barmoqlarimni urushga o‘rgatgan

Suyanchig‘im – Xudovandni olqishlayman.

2U inoyat manbaim va qo‘rg‘onimdir,

Istehkomim, Xaloskorim mening,

Qalqonimdir, Undan panoh topdim,

U xalqimni menga bo‘ysundirgan.

3Ey Xudovand, inson qadri nedirki,

Sen unga e’tibor bergaysan?

Inson o‘g‘li nedirki, Sen uni ardoqlaysan?

4Odamzod – bir nafasginadir,

Kunlari bir soya kabi o‘tib ketar.

5Ey Xudovand, osmoningni yorib tushgil,

Tog‘larga tekkil, ulardan tutun chiqargil!

6Chaqmoq yuborib, yovlarni tarqatgin,

O‘qlaringni otib, ularni supurib tashlagin!

7Samodan qo‘lingni uzatib meni qutqargin,

Ulkan suvlardan, ajnabiylar qo‘lidan

Meni xalos qilgin!

8Ularning og‘zidan yolg‘on-yashiq gaplar toshgan,

Qo‘llari esa harom ishlarga bulg‘angandir.

9Ey Xudo, Senga yangi qo‘shiq aytaman,

O‘n torli changda Seni tarannum etaman.

10Sensan-ku shohlarga najot beradigan,

Bandang Dovudni qilich damidan qutqazgan.

11Ajnabiy o‘g‘illarining qo‘lidan qutqar,

Xalos qil bandangni!

Ularning og‘zidan yolg‘on-yashiq gaplar toshgan,

Qo‘llari esa harom ishlarga bulg‘angandir.

12O‘g‘illarimiz yoshligida o‘sib qalinlashgan ko‘chatlar kabi,

Qizlarimiz saroyning naqshli ustunlari kabi bo‘lsinlar!

13Omborlarimizda mo‘l-ko‘lchilik bo‘lsin,

Har xil ne’matlardan to‘lib-toshsin!

Yaylovlarimizdagi qo‘ylar ming-minglab,

Mingi esa tuman bo‘lib ko‘paysin!

14Qora molimiz semirib borsin,

Talash ham, zarar-ziyon ham bo‘lmasin,

Ko‘chalarimizda dod-fig‘on eshitilmasin!

15Mana shunday duolarni olgan xalq baxtli!

Xudovandni Rabbimiz deb bilgan xalq baxtli!

 

144–SANO

 

Rahmdil va qodir Xudoga hamdu sano

 

DOVUDNING MAQTOV QO‘SHIG‘I.

 

 

1Ey Xudoyim, ey Podshohim, Seni ulug‘layman,

Ismingga abadulabad tasannolar aytgayman.

2Seni kundan-kunga olqishlayman,

Ismingni madh etaman ilalabad.

3Xudovand buzrukvordir,

U ko‘p maqtovga sazovordir,

Uning buyukligiga aql yetmas.

4Ishlaringga zurriyotlarimiz tasanno aytishgay,

Qudratli ajoyibotlaringni xabarlab yurishgay.

5Men ulug‘vorliging, savlatu mahobating,

Ajoyib ishlaring haqida o‘ylab yurgayman.

6Vahimali g‘aroyibotlaring haqida gapirgaylar,

Buyukligingni xabar qilmoq esa menga farz.

7Ulug‘ iltifotingni maqtab yurgaylar,

Odilligingni kuylab tarannum etgaylar.

8Xudovand rahmonu mehribondir,

U uzoq sabrli, juda inoyatlidir.

9Xudovand har bir insonga himmat aylar,

Barcha maxluqotga rahm-shafqat ko‘rsatar.

10Ey Xudovand,

Hamma yaratganlaring Senga shukr qilar,

Azizlaring Senga hamdu sano o‘qirlar.

11Saltanating shon-shuhratini targ‘ib qilar,

Kuch-qudrating haqida hikoya qilarlar.

12Inson o‘g‘illariga Sening qudratli ishlaring,

Buyuk, hashamatli saltanatingni bildirarlar.

13Sening saltanating davrlar osha davom etar,

Asrdan-asrga Sen hukmronlik qilasan.

14Barcha yiqilayotganlarga Xudovand madad berar,

Har bir qaddi bukilganni U rostlar.

15Hammaning ko‘zi Senga tikilgan ekan,

O‘z vaqtida ularning rizqini berasan.

16Sen qo‘lingni ochasan-u,

Har bir jonzotni marhamatingga to‘ydirasan.

17Xudovand barcha yo‘llarida adolatli,

Hamma ishlarida sodiq va inoyatlidir.

18Xudovandga murojaat qiladigan,

Chin qalbdan murojaat qiladigan

Har bir insonga U yaqindir.

19Xudojo‘ylarning tilagini U qondirar,

Ularning faryodini eshitib, najot berar.

20O‘zini sevgan hammani Xudovand asrar,

Barcha betavfiqlarni esa yo‘q qilar.

21Xudovandning madhi tilimdan tushmas,

Butun odamzod hamdu sano aytsin

Uning muqaddas ismiga, to abad!

 

145–SANO

 

Vafodor va odil Xudoga hamdu sano

 

1Hamdlar bo‘lsin!

Ey jonim, Xudovandni madh qilgin!

2Tirik ekanman Xudovandni madh qilaman,

Umrim boricha Xudoyimni tarannum etaman.

3Umid bog‘lamang beklarga,

Najot berolmaydigan odamzodga!

4Uning ruhi chiqib, o‘z tuprog‘iga qaytar,

O‘sha kunning o‘zida puchga chiqar

Uning barcha murod-orzulari.

5Yoqub Tangrisini yordamchim deb bilgan,

Rabbim deb Xudovandga umid bog‘lagan

Har bir inson baxtlidir!

6O‘zi yeru osmonni ham, dengizni ham,

Ulardagi har bir mavjudotni ham yaratgan,

U abadiy vafodorligini saqlaydi.

7Xudovand ezilganlarni himoya qiladi,

Ochlarga non, asirlarga ozodlik beradi.

8Xudovand ko‘rlarning ko‘zini ochadi,

Qaddi bukilganlarni U rostlaydi,

Solihlarni sevadi Xudovand.

9Xudovand g‘ariblarni asraydi,

Yetim va bevalarga mador beradi,

Fosiqlarni esa yo‘llaridan adashtiradi.

10Xudovand abadiy hukm surgay!

Sening Xudoying, ey Sion,

Davrdan-davrga saltanatli bo‘lgay!

Hamdlar bo‘lsin!

 

146–SANO

 

Parvardigor kimdan rozi?

 

1Hamdlar bo‘lsin!

Xudoyimizni tarannum etmoq

Qanday yaxshi, qanday lazzatlidir!

Mana, U ko‘p maqtovga munosibdir!

2Quddusni qayta qurajak Xudovand,

Isroilning tarqalib ketganlarini esa

O‘zi to‘plab olajak.

3U ezilgan ko‘ngillarni davolab,

Yaralariga malham surtadi.

4U yulduzlar sonini belgilab,

Hammasini nomma-nom chaqiradi.

5Rabbimiz buyuk, quvvati azimdir,

Donoligini esa o‘lchab bo‘lmaydi.

6Xudovand xokisorlarni yuqori ko‘tarar,

Betavfiqlarni esa yerga urar.

7Xudovandga shukrona aytib kuylanglar,

G‘ijjakda kuylanglar Xudoyimizni!

8U bulutlar ila osmonni qoplaydi,

Yer uchun yomg‘ir hozirlaydi,

Tog‘larda esa giyoh o‘stiradi.

9Hayvonlarga U rizqi-ro‘zini beradi,

Qag‘illaydigan qarg‘a bolalarin to‘yg‘azadi.

10Xudovand otning kuch-quvvatidan rozi bo‘lmas,

Chopqirning boldirlari Unga manzur bo‘la olmas.

11Xudovand O‘zidan qo‘rqadiganlardan,

Inoyatiga umid bog‘laganlardan rozi bo‘lur.

 

147–SANO

 

Ey Quddus va butun dunyo!

 

1Ey Quddus, Xudovandni madh qilgin!

Xudoyingga hamd – sano aytgin, ey Sion!

2Udir darvozalaring tambalarini mahkamlagan,

O‘rtangdagi o‘g‘illaringga barakat beradigan,

3Sarhadlaring ichra tinchlikni barqaror qilgan,

Seni bug‘doy hosili bilan to‘ydiradigan.

4U yer yuziga kalomini jo‘natar,

Uning amri zudlik ila yelib borar.

5U jun kabi qor yog‘dirar,

Kul singari qirov sochar.

6U parcha-parcha qilib muz yog‘dirar;

Qahraton ayoziga kim tob bera olar?

7U kalomini yuborib, ularni eritar,

Shamolini yuborib, suvlarni oqizar.

8U O‘z kalomini Yoqubga bildirgan,

Qonun-qoidalarini Isroilga bergan.

9U boshqa xalqqa buni ravo ko‘rmagan,

Ular Uning hukmlarini bilmaydilar.

Hamdlar bo‘lsin!

 

148–SANO

 

Butun dunyo Xudoni madh qilsin

 

1Hamdlar bo‘lsin!

Osmondan Xudovandni madh qilinglar,

Balandliklardan turib Uni maqtanglar!

2Ey, Uning barcha malaklari,

Uni madh qilinglar!

Ey, Uning barcha qo‘shinlari,

Uni madh qilinglar!

3Ey quyosh va oy,

Uni madh qilinglar,

Ey butun nurli yulduzlar,

Uni madh qilinglar!

4Ey osmonu falaklar,

Ey ko‘k yuqorisidagi suvlar,

Uni madh qilinglar!

5Xudovandning ismini madh qilsinlar,

Chunki U amr etdi va ular yaratildi.

6U ularni abadiy o‘rnashtirdi,

Ularga qaytib bo‘lmas mangu qonun berdi.

7Xudovandni yerdan turib birga madh etinglar,

Ey, dengiz ajdarlari va butun tubsizliklar!

8Ey, otash va do‘l, qor va bug‘,

Uning kalomiga bo‘ysunadigan bo‘ron shamoli!

9Ey, tog‘lar va butun tepaliklar,

Mevali daraxtlar va hamma sarv og‘ochlari!

10Ey, yovvoyi hayvonlar va butun chorvalar,

Sudraluvchilar va qanotli parrandalar!

11Ey, dunyo podshohlari va barcha xalqlar,

Xonlar va yerning barcha hokimlari!

12Ey, yigitlar bilan qizlar,

Qariyalar bilan yoshlar!

13Barisi Xudovand ismini madh qilsin,

Chunki yolg‘iz Uning ismi yuksakdir;

Uning ulug‘vorligi yerdayu osmondadir.

14Barcha azizlarim shuhratini oshiray deya,

U O‘ziga yaqinlashtirgan xalqiga –

Isroil o‘g‘illariga g‘alaba bag‘ishlagan.

Hamdlar bo‘lsin!

 

149–SANO

 

Xudojo‘ylar Xudoni madh qilsin

 

1Hamdlar bo‘lsin!

Xudovandga yangi bir qo‘shiq ayting,

Azizlar jamoatida hamdu sanolar qiling!

2Isroil o‘zining Parvardigoridan sevinsin,

Sion o‘g‘illari o‘z Podshohidan quvonsin!

3Raqs tushib Uning ismini madh qilishsin,

Doira va g‘ijjak ila Uni tarannum etishsin!

4Chunki Xudovand O‘z xalqiga marhamat qilar,

Xokisorlarni najot gulchambari ila sharaflar.

5Azizlar sharaf ila tantana qilsinlar,

Yotganda ham tarannum etsinlar!

6Og‘izlarida Tangriga hamdu sanolar,

Qo‘llarida esa dudama qilich bo‘lsin!

7Toki ular o‘zga xalqlardan o‘ch olgaylar,

Elatlarga tegishli jazosini bergaylar;

8Toki podshohlarini zanjirlar bilan,

To‘ralarini po‘lat kishanlar ila bog‘lagaylar;

9Toki ularni yozilgani bo‘yicha hukm qilgaylar.

Bu sharaf esa barcha Xudo azizlariga xos bo‘lgay.

Hamdlar bo‘lsin!

 

150–SANO

 

Butun jonzod Xudoni madh qilsin

 

1Hamdlar bo‘lsin!

Muqaddas makonida Tangrini madh qiling!

Qudratli falagida Uni madh qiling!

2Qahramonliklari uchun Uni madh qiling!

Buzrukvorligi uchun Uni madh qiling!

3Burg‘u ovozi bilan Uni madh qiling!

Chang va g‘ijjak ila Uni madh qiling!

4Doira va raqs bilan Uni madh qiling!

Nay va torli asboblarda Uni madh qiling!

5Jarangdor zillar bilan Uni madh qiling!

Xushovoz zillar bilan Uni madh qiling!

6Butun jonzod Xudovandni madh qilsin!

Hamdlar bo‘lsin!

 




Китоблар / Муқаддас Китоб / Ўзбек тилидаги

Эски Аҳд:  |  ИБТИДО  |  ЧИҚИШ  |  ЛЕВИЛАР  |  САҲРОДА  |  ҚОНУНЛАР  |  ЁШУА  |  ҲАКАМЛАР  |  РУТ  |  ШОҲЛАР (БИРИНЧИ КИТОБ)  |  ШОҲЛАР (ИККИНЧИ КИТОБ)  |  ШОҲЛАР (УЧИНЧИ КИТОБ)  |  ШОҲЛАР (ТЎРТИНЧИ КИТОБ)  |  СОЛНОМАЛАР (БИРИНЧИ КИТОБ)  |  СОЛНОМАЛАР (ИККИНЧИ КИТОБ)  |  ЭЗРА  |  НАХИМИЁ  |  ЭСТЕР  |  АЮБ  |  ЗАБУР  |  СУЛАЙМОННИНГ ҲИКМАТЛАРИ  |  ВОИЗ  |  СУЛАЙМОННИНГ ГЎЗАЛ ҚЎШИГИ  |  ИШАЁ  |  ЕРЕМИЁ  |  ЕРЕМИЁНИНГ МАРСИЯСИ  |  ҲИЗҚИЁ  |  ДОНИЁР  |  ХЎШЕЯ  |  ЙЎЭЛ  |  АМОС  |  ОБOДИЁ  |  ЮНУС  |  МИХО  |  НОХУМ  |  ХАБАҚҚУҚ  |  ЗАФАНИЁ  |  ХАГГЕЙ  |  ЗАКАРИЁ  |  МАЛАКИ
Янги Аҳд:
МАТТО  |  МАРК  |  ЛУҚО  |  ЮҲАННО  |  ҲАВОРИЙЛАРНИНГ ФАОЛИЯТИ  |  РИМЛИКЛАРГА МАКТУБ  |  КОРИНФЛИКЛАРГА БИРИНЧИ МАКТУБ  |  КОРИНФЛИКЛАРГА ИККИНЧИ МАКТУБ  |  ГАЛАТИЯЛИКЛАРГА МАКТУБ  |  ЭФЕСЛИКЛАРГА МАКТУБ  |  ФИЛИППИЛИКЛАРГА МАКТУБ  |  КОЛОСАЛИКЛАРГА МАКТУБ  |  САЛОНИКАЛИКЛАРГА БИРИНЧИ МАКТУБ  |  САЛОНИКАЛИКЛАРГА ИККИНЧИ МАКТУБ  |  ТИМЎТИЙГА БИРИНЧИ МАКТУБ  |  ТИМЎТИЙГА ИККИНЧИ МАКТУБ  |  ТИТУСГА МАКТУБ  |  ФИЛИМЎНГА МАКТУБ  |  ИБРОНИЙЛАРГА МАКТУБ  |  ЁҚУБНИНГ МАКТУБИ  |  БУТРУСНИНГ БИРИНЧИ МАКТУБИ  |  БУТРУСНИНГ ИККИНЧИ МАКТУБИ  |  ЮҲАННОНИНГ БИРИНЧИ МАКТУБИ  |  ЮҲАННОНИНГ ИККИНЧИ МАКТУБИ  |  ЮҲАННОНИНГ УЧИНЧИ МАКТУБИ  |  ЯҲУДОНИНГ МАКТУБИ  |  ЮҲАННОГА КЎРСАТИЛГАН ВАҲИЙ


Injil Uzbek tili: Yangi Ahd. Latin online
 Matto | Mark | Luqo | Yuhanno | Havoriylar | Yoqub | 1 Butrus | 2 Butrus | Yuhannoning 1chi | Yuhannoning 2chi | Yuhannoning 3chi | Yahudoning | Rimliklarga | Korinfliklarga 1chi | Korinfliklarga 2chi | Galatiyaliklarga | Efesliklarga | Filippiliklarga | Kolosaliklarga | Salonikaliklarga 1chi | Salonikaliklarga 2chi | Timo‘tiyga 1chi | Timo‘tiyga 2chi | Titusga | Filimo‘nga | Ibroniylarga | Vahiy  
Injil Uzbek tili: Eski Ahd. Latin online
IBTIDO | ZABUR

Китоблар Ўзбек тилидаги: Инжил ва Muqaddas Kitob ва Инжил Каракалпак

Kitoblar - Kutubxona  |  Simfoniya  |  Guvohliklar  |  Musiqa mp3  |  VIDEO  |  UzLatin.com   |  Telegram kanal @kitoblar_elektron_uz


Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musiqasi


(skachat Hamdu-Sano-Xudoga.pdf 2 mb)
Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musika
(skachat Hamdu-Sanolar_Imon-yuli.pdf 1 mb)
Online Yangi o'zbek MP3. Ayni damda musiqa javonida 3gb. guruh. Ҳамду санолар
++ KANAL MP3 https://t.me/uzbekmusika ++


Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

Audio Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

Китоблар Ўзбек тилидаги: Инжил ва Muqaddas Kitob ва Инжил Каракалпак
Uzbek tilida Muqaddas Kitob Injil skachat - Audio mp3, Download (.zip 624mb)



Yaxshi audio kitoblarni O`zbek tilidagi

Audio Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

O'zbek tilidagi Kinolar

Uzbek tilidagi Kinolar

KitoBook.com