YUHANNONING BIRINCHI MAKTUBI

1–BOB

 

Muqaddima: Hayot kalomi – Iso Masih

 

1Azaldan bor bo‘lgan Hayot Kalomi[1] borasida biz eshitib tamosho qilgan, ko‘zlarimiz ko‘rgan, qo‘llarimiz sezganini sizlarga ma’lum qilmoqdamiz. 2Hayot zohir bo‘ldi, Otaning huzuridagi abadiy Hayot bizga zohir bo‘ldi. Biz Uni ko‘rdik va shohid bo‘lib sizlarga bildirmoqdamiz. 3Sizlar biz bilan munosabatda bo‘linglar, deb mana shu ko‘rib eshitganlarimizdan sizlarni xabardor qilmoqdamiz. Biz esa Ota bilan va Uning O‘g‘li Iso Masih bilan munosabatdamiz. 4Bularni sizlarning shodligingiz tugal bo‘lishi uchun yozyapmiz.

 

Xudo – nur

 

5Masihdan eshitib, sizlarga bildirayotgan xabarimiz shuki, Xudo – nur, Unda hech qanday qorong‘ilik yo‘q. 6Agar U bilan aloqa qilamiz, deb qorong‘ilikda yursak, yolg‘on gapirib, haqiqatga xilof ish qilgan bo‘lamiz. 7Biroq Uning O‘zi nurda bo‘lgani kabi, biz ham nurda yursak, bir-birimiz bilan aloqa qilamiz va Uning O‘g‘li Isoning qoni bizni har qanday gunohdan pok qiladi. 8Agar gunohimiz yo‘q desak, o‘z-o‘zimizni aldagan bo‘lamiz va ko‘nglimizda haqiqat bo‘lmaydi. 9Agar gunohlarimizni e’tirof etsak, Xudo gunohlarimizdan o‘tadi va bizni har turli nohaqlikdan forig‘ qiladi. Chunki U O‘z so‘zida sodiq va adolatlidir. 10Agar gunoh qilganimiz yo‘q desak, Xudoni yolg‘onchi qilib qo‘ygan bo‘lamiz va qalbimizdan Uning kalomi joy olmaydi.

 

2–BOB

 

Iso – bizning Xudo oldidagi homiymiz

 

1Ey farzandlarim, bularni shuning uchun yozyapmanki, sizlar gunoh qilmanglar. Bordiyu birortamiz gunoh qilib qo‘ysak, Otaning oldida odil homiymiz – Iso Masih bor. 2Uning O‘zi yolg‘iz bizning gunohlarimiznigina emas, balki butun dunyoning gunohlarini yuvish uchun qurbon bo‘ldi. 3Agar biz Uning amrlariga rioya qilsak, Uni bilib olganimizga amin bo‘lamiz. 4Uni bilaman deb turib, Uning amrlariga rioya qilmagan kishi yolg‘onchi bo‘ladi, unda haqiqat yo‘q. 5Kimki Masihning kalomiga rioya qilsa, u kishida Xudoning sevgisi haqiqatan kamolga yetgan bo‘ladi. Biz Xudo bilan bir tan ekanimizni ana shundan bilib olamiz. 6Xudo bilan bir tanman, degan kishi Masih yurganday yurmog‘i shart.

 

Yangi amr – birodarlik sevgisi

 

7Ey mahbublarim, sizlarga yangi amrni emas, balki o‘zingiz dastlab qabul qilgan qadimgi amrni yozyapman. Qadimgi amr – sizlar eshitgan Xudo kalomi. 8Shu bilan birga, yangi amrni yozyapman desam ham bo‘ladi, zero qorong‘ilik o‘tib, haqiqiy nur hozirdan porlamoqda. Bu haqiqat Masihda ham, sizlarda ham ochiq ko‘rinmoqda. 9Kimki nurda yuribman desa-yu, lekin birodaridan nafratlansa, u hali ham qorong‘ilikdadir. 10Kimki birodarini sevsa, u nur ichida yashaydi va qoqinishga yo‘l qo‘ymaydi. 11Ammo birodaridan nafratlangan kishi qorong‘ilikda bo‘ladi. U qorong‘ilikda yuradi-yu, qayerga borayotganini bilmaydi; chunki qorong‘ilikda uning ko‘zlari ko‘r bo‘lgan.

12Ey farzandlarim, sizlarga yozyapman:

Masih nomi tufayli gunohlaringiz kechirilgan.

13Ey otalar, sizlarga yozyapman:

Azaldan bor Bo‘lganni bildingizlar.

Ey yigitlar, sizlarga yozyapman:

Yovuz shayton ustidan g‘olib chiqdingiz.

Ey bolalar, sizlarga yozyapman:

Sizlar Otamiz Xudoni tanib oldingiz.

14Otalar, sizlarga yozdim:

Siz azaldan bor Bo‘lganni tanib oldingiz.

Yigitlar, sizlarga yozdim:

Sizlar baquvvatsizlar,

Xudo kalomini dilingizda saqlayotirsiz,

Yovuz shayton ustidan g‘olib chiqdingizlar.

15Dunyoga va undagi narsalarga muhabbat qo‘ymanglar. Kim dunyoga muhabbat qo‘ysa, uning qalbidan Otaning muhabbati joy olmaydi. 16Chunki dunyoga xos har bir narsa – tana nafsi, hirsli ko‘zlar, maishatga oid kibr-havo Otadan emas, balki dunyodandir. 17Dunyo ham, uning nafsi ham o‘tib ketadi. Lekin Xudoning irodasini bajo keltirgan kishi abadiy yashaydi.

 

Dajjol va Masihning Ruhi

 

18Ey farzandlarim, dunyoning so‘nggi damlari keldi! Dajjol[2] kelishini eshitgansizlar, hozirdanoq ko‘p dajjollar paydo bo‘ldi. Ana shundan biz so‘nggi damlarni yashayotganimizni bilamiz. 19Ular o‘zimizning oramizdan chiqdilar, lekin ular bizga qarashli emas. Agar bizga qarashli bo‘lganlarida edi, biz bilan qolgan bo‘lar edilar. Ular bizdan ayrilib ketdilar, ma’lum bo‘ldiki, hammasi ham bizga qarashli emas.

20Sizlar hammasini bilasizlar, chunki siz tabarruk Masihning Ruhiga egasizlar. 21Men buni, haqiqatni bilmaydilar, deb yozayotganim yo‘q. Aksincha, sizlar haqiqatni bilasizlar, shuningdek, har qanday yolg‘on haqiqatdan paydo bo‘lmasligini bilasizlar. 22Agar Isoning Masihligini[3] inkor etuvchi yolg‘onchi bo‘lmasa, unda yolg‘onchi kim? Ota va O‘g‘ilni kim inkor etsa, dajjol o‘shadir. 23Kimda-kim O‘g‘ilni inkor etsa, unda Ota yo‘q. Kimda-kim O‘g‘ilni tan olsa, unda Ota ham bor.

24Sizlar azaldan eshitgan kalomni dilingizda saqlanglar. Agar azaldan eshitgan kalom dilingizda saqlansa, sizlar ham O‘g‘il, ham Ota bilan bir tan bo‘lasizlar. 25Masihning bizlarga bergan va’dasi ana shu, ya’ni abadiy hayotdir.

26Bularni sizlarni yanglishtiradiganlar borligi uchun yozdim. 27Holbuki, sizlar Masihning Ruhini qabul qilgansizlar. Uning Ruhi ichingizda yashayotgani uchun, sizlarga hech kimning biror narsa o‘rgatishiga ehtiyoj yo‘q. Masihning Ruhi haqiqiy, soxta emas. U sizlarga hamma narsani o‘rgatadi. Masih sizlarga o‘rgatganidek, U bilan aloqada bo‘lib yashanglar. 28Ha, farzandlarim, endi Masih bilan aloqada bo‘lib yashanglar, toki U olamga qaytib kelganda dadil bo‘laylik, Uning oldida uyatga qolmaylik. 29Agar Uning solih ekanligini bilar ekansizlar, shuni ham bilinglarki, to‘g‘ri ish qilgan har bir kishi Uning farzandidir.

 

3–BOB

 

Xudoning bolalari haqida

 

1Qaranglar, Otamiz bizni bolalarim deb, qanday buyuk bir muhabbat ko‘rsatdi! Haqiqatan ham, biz Uning bolalarimiz. Dunyo Otamizni tanimagani uchun, bizni ham tanimayapti. 2Ey mahbublarim, hozir biz Xudoning bolalari bo‘lsak-da, kelajakda nima bo‘lishimiz hanuz noaniq. Faqat shuni bilamizki, Iso Masih zohir bo‘lganda, biz U singari bo‘lamiz; U qanday bo‘lsa, shunday holda ko‘ramiz. 3Masihga bunday umid bog‘lagan har bir kishi o‘zini poklaydi, chunki Masih pokdir.

4Gunoh qiluvchi har bir kishi qonunbuzar bilan tengdir. Gunoh – qonunsizlik demakdir. 5Masih esa gunohlarimizni aritish uchun paydo bo‘lganini bilasizlar. Unda gunoh yo‘q. 6Masih bilan bir tan bo‘lgan hech kimsa gunoh qilmaydi. Kim gunoh qilib yursa, Uni ko‘rmagan ham, tanimagan ham.

7Ey farzandlarim, hech kim sizlarni aldamasin. Masih qanday solih bo‘lsa, to‘g‘ri ish qiluvchi kishi ham U singari solihdir. 8Gunoh qiluvchi kishi esa iblis zotidir. Chunki dastlab iblis gunoh qilgan. Xudoning O‘g‘li esa iblisning ishlarini barbod qilmoq uchun paydo bo‘ldi. 9Xudodan tug‘ilgan hech bir kishi gunoh qilmaydi, chunki Xudoning urug‘i[4] uning ichida qoladi. U Xudodan tug‘ilgani uchun gunoh qila olmaydi. 10Kimda-kim to‘g‘ri ish qilmasa, birodarini sevmasa, u Xudo zotidan emas. Xudoning bolalari ham, iblisning bolalari ham shundan bilinadi.

 

Bir-birimizni sevaylik!

 

11Boshda sizlar Masihdan eshitgan vasiyat shu: bir-birimizni sevaylik! 12O‘z ukasini qatl qilgan iblis zoti Qobilga[5] o‘xshamaylik. Qobil ukasini nima uchun o‘ldirdi? Chunki uning ishlari qabih, ukasining ishlari esa solih edi.

13Ey birodarlarim, agar dunyo sizdan nafratlanayotgan bo‘lsa, hayratlanmanglar. 14Biz o‘lim holatidan hayotga o‘tganimizni bilamiz, chunki biz birodarlarimizni sevamiz. Kimki birodarini sevmasa, o‘lim holatida qoladi. 15Birodaridan nafratlangan har qanday kishi qotildir. Hech bir qotil esa abadiy hayotga ega bo‘lmasligini bilasizlar. 16Masih bizlar uchun jonini fido qildi, ana shundan biz muhabbatni bildik. Biz ham birodarlarimiz uchun jonimizni berishga burchlimiz. 17Agar biror kishi farovon hayot kechirayotgan bo‘lsa-yu, birodarini muhtojlik holatida ko‘rib turib, ko‘nglini tosh qilsa, qanday qilib u odamda Xudoning sevgisi joy oladi?

 

Sevgi va xotirjamlik to‘g‘risida

 

18Ey farzandlarim, biz so‘z yoki til bilangina emas, balki amalda va haqiqatda sevishimiz lozim. 19Shu tariqa biz haqiqat ahli ekanimizga ishonch hosil qilamiz va Xudo oldida ko‘nglimiz xotirjam bo‘ladi. 20Agarda ko‘nglimiz bizni ayblasa, Xudo ko‘nglimizdan ulug‘ ekanini bilamiz. Chunki U hamma narsani aniq biladi.

21Ey mahbublarim, agar vijdonimiz bizni qiynamasa, Xudo oldida dadil bo‘lamiz 22va Undan nimaiki so‘rasak, U beradi. Chunki biz Uning amrlarini bajo keltirib, Unga maqbul bo‘lgan ishlarni qilayotirmiz. 23Ilohiy amr – Xudoning O‘g‘li Iso Masihga ishonishdan va xuddi Iso Masih buyurganidek, bir-birimizni sevishdan iborat. 24Kim Xudoning amrlarini bajo keltirsa, u Xudo bilan bir tan, Xudo ham u bilan bir tan bo‘ladi. Xudo vujudimizda yashayotganini shundan bilamizki, U bizga O‘z Ruhini berdi.

 

4–BOB

 

Ruhlarni sinovdan o‘tkazing

 

1Ey mahbublarim, har qanday ruhga inonavermangiz. Xudodan bo‘lgan-bo‘lmaganligini bilish uchun ruhlarni sinovdan o‘tkazingiz. Chunki dunyoda ko‘pgina soxta payg‘ambarlar paydo bo‘lgan. 2Odam vujudi bilan dunyoga kelgan Iso Masihni tan oluvchi har bir ruh Xudodandir. Xudoning Ruhini shundan taniysizlar. 3[Odam vujudi bilan dunyoga kelgan] Iso Masihni tan olmovchi har qanday ruh Xudodan emas. Bu – dajjolning ruhi. Dajjol kelishini sizlar eshitgan edingizlar. Mana, hozirdan u dunyodadir.

4Ey farzandlarim, sizlar Xudodansizlar va soxta payg‘ambarlarni yengdingizlar. Chunki ichingizdagi Ruh dunyoda hukm surayotgan ruhdan ustundir. 5Ular bu dunyodan, ularning gapi ham bu dunyoga oid, shuning uchun dunyo ularni tinglaydi. 6Bizlar esa Xudodanmiz, kim Xudoni tanisa, u bizni tinglaydi. Xudodan bo‘lmagan bizni tinglamaydi. Ana shundan biz haqiqat ruhini va aldash ruhini taniymiz.

 

Xudo – sevgi

 

7Ey mahbublarim, bir-birimizni sevaylik. Chunki sevgi Xudodandir. Har bir sevuvchi kishi Xudodan tug‘ilgan va Xudoni taniydi. 8Sevmaydigan kishi Xudoni tanigani yo‘q. Chunki Xudoning O‘zi sevgidir. 9Xudo bizga bo‘lgan muhabbatini ochiq ko‘rsatdi: U yagona O‘g‘lini dunyoga yuborib, U orqali bizga hayot bag‘ishladi. 10Biz Xudoni sevmagan edik, U bizni sevdi va O‘z O‘g‘lini gunohlarimizni yuvish uchun qurbonlik qilib yubordi. Ana, bu muhabbatdir!

11Ey mahbublarim, Xudo bizni shunday sevganiga yarasha, bizlar ham bir-birimizni sevishimiz qarzdir. 12Hech kim hech qachon Xudoni ko‘rgan emas. Agar bir-birimizni sevsak, Xudo bizning ichimizda qoladi va Uning muhabbati bizda kamol topadi.

13Uning bizga bergan Ruhi orqali bilamizki, Xudo biz bilan, biz Xudo bilan bir tanmiz. 14Ota O‘z O‘g‘lini dunyoning Xaloskori qilib yubordi, buni biz ko‘rdik va guvohlik beramiz. 15Agar kim Isoni Xudoning O‘g‘li deb tan olsa, Xudo u bilan, u Xudo bilan bir tan bo‘lib yashaydi. 16Xudo bizga naqadar muhabbat qo‘yganini bilamiz va bunga imonimiz komil.

Xudo sevgidir. Sevgini diliga jo qilgan kishi Xudo bilan bir tan bo‘lib yashaydi, Xudo ham uning vujudida yashaydi. 17Shu tariqa sevgi dilimizda kamol topadi va qiyomatda so‘roq bo‘lganda dadil bo‘lamiz. Chunki biz bu dunyoda Masih yashaganday yashaymiz. 18Sevgida qo‘rquv yo‘q, aksincha, komil sevgi qo‘rquvni quvib chiqaradi. Qo‘rqoq kishida sevgi kamolotga yetmagan, chunki qo‘rquv jazo tushunchasi bilan bog‘liqdir.

19Biz Uni sevaylik, chunki avval U bizni sevdi. 20Agar biror kishi “Xudoni sevaman” desa-yu, birodaridan nafratlansa, u yolg‘onchidir. Ko‘rib turgan birodarini sevmasa, ko‘rmagan Xudoni qanday seva olar ekan?! 21Kim Xudoni sevsa, birodarini ham sevmog‘i lozim, degan amrni biz Masihdan olganmiz.

 

5–BOB

 

Imonimiz dunyoni yengadi

 

1Iso Masihdir[6] deb ishongan har bir kishi Xudodan tug‘ilgan. Otani sevgan har bir kishi bolasini ham sevadi. 2Agar Xudoni sevsak va Uning amrlariga amal qilsak, Uning bolalarini ham sevishimiz shaksizdir. 3Xudoni sevish – Uning amrlarini bajo keltirish demakdir. Xudoning amrlari esa og‘ir emas; 4chunki Xudoning har bir farzandi dunyoni yengadi. Mana shu bizning imonimiz dunyo ustidan g‘olib chiqdi. 5Iso Xudoning O‘g‘li deb inongan kishidan boshqa kim ham dunyoni yenga olardi?!

 

Iso Masih haqidagi guvohlik

 

6Iso Masih suv va qon[7] bilan keldi. U faqat suv bilan emas, suv va qon bilan keldi. Ruh esa U haqda guvohlik beradi, chunki Ruh haqiqatdir. 7Shunday qilib [osmonda uchtasi guvohlik beradi: Ota, Kalom va Muqaddas Ruh. Bu uchovi bir. 8Yerda ham] uchtasi guvohlik beradi: Ruh, suv va qon. Bu uchovi bir. 9Garchi insonlarning guvohligini qabul qilsak-da, ammo Xudoning guvohligi undan muhimroq, bu esa Xudoning O‘z O‘g‘li haqida bergan guvohligidir.

10Kim Xudoning O‘g‘liga inonsa, u o‘z yuragida Xudoning guvohligiga egadir. Xudoga inonmagan, ya’ni Uning O‘z O‘g‘li haqida bergan guvohligiga inonmagan kishi Xudoni yolg‘onchi qilib qo‘ygan bo‘ladi. 11Xudoning guvohligi shundan iboratki, Xudo bizlarga abadiy hayot berdi. Bu hayot esa Uning O‘g‘lida mujassamdir. 12Kim Xudoning O‘g‘liga ega bo‘lsa, hayotga egadir. Kim Xudoning O‘g‘liga ega bo‘lmasa, hayotga ega emas.

 

Abadiy hayot to‘g‘risida

 

13Men bularni sizlar abadiy hayotga egaligingizni bilinglar, deb yozdim. Chunki sizlar Xudoning O‘g‘li nomiga imon keltirgansizlar. 14Biz Xudo huzuriga dadillik bilan kiramiz, chunki bilamizki, Xudoning irodasiga ko‘ra bir nima tilasak, U bizga quloq soladi. 15Agar Xudo tilaklarimizni tinglayotganini bilsak, tilaklarimiz bajo bo‘lganini ham bilamiz.

16Agar biror kishi birodarining gunoh qilayotganini ko‘rsayu, bu gunoh abadiy o‘limga[8] sabab bo‘lmasa, u uchun ibodat qilsin. Uning ibodati tufayli birodariga hayot bag‘ishlanadi. Men buni gunohi abadiy o‘limga sabab bo‘lmaydiganlar uchun aytyapman. Abadiy o‘limga sabab bo‘ladigan gunoh ham bor. Bunday gunoh uchun ibodat qiling, demayapman. 17Har qanday yomonlik gunohdir, ammo hamma gunoh ham abadiy o‘lim bilan tugamaydi.

18Xudodan tug‘ilgan har bir odam gunoh qilmasligini bilamiz. Xudoning O‘g‘li uni O‘z panohida asraydi[9], yovuz shayton unga tegmaydi. 19Bilamizki, bizlar Xudodanmiz, butun dunyo esa yovuz shaytonning hukmidadir. 20Yana shuni ham bilamizki, Xudoning O‘g‘li kelib, Haqni tanishimiz uchun bizga aql-idrok berdi. Biz Haq bilan, Uning O‘g‘li Iso Masih bilan bir tanmiz. U Haq Taolo va abadiy hayotdir.

21Ey farzandlarim, butlardan saqlaninglar.

Omin.

 


[1] 1:1 - HAYOT KALOMI: abadiy hayot bag‘ishlovchi Ilohiy Kalom – Iso Masih; yana qarang: Yuhanno 1-bob.

[2] 2:18 - DAJJOL: lug‘atda izohlanadi; yana qarang: 4:3, 2-Yuhanno 7-oyat, 2-Salonikaliklar 2-bob.

[3] 2:22 - MASIH: Xudo yuborgan yagona Xaloskor.

[4] 3:9 - XUDONING URUG‘I: Xudoning hayotbaxsh kuchi, kalomi, Ruhi, ilohiy tabiat; yana qarang: Yuhanno 1:12-13, Matto 13:37-43, Mark 4:26-29.

[5] 3:12 - QOBIL: Odam Atoning to‘ng‘ichi; qarang: Tavrot, Ibtido 4-bob.

[6] 5:1 - MASIH: Xudo yuborgan yagona Xaloskor.

[7] 5:6 - SUV: Isoning inson vujudiga kirib tug‘ilishining ramzi, QON esa xochdagi dahshatli o‘limining ramzi.

[8] 5:16 - ABADIY O‘LIM: abadiy hayotdan mahrumlik; yagona Xaloskor Iso Masihni rad qilgan kishi abadiy ruhiy halokatga uchraydi; yana qarang: Matto 12:31-32, 2-Salonikaliklar 1:9, Vahiy 21:8.

[9] 5:18 - Boshqa qadimgi qo‘lyozmalar bo‘yicha, “Xudodan tug‘ilgan o‘z-o‘zini saqlaydi”.




Китоблар / Муқаддас Китоб / Ўзбек тилидаги

Эски Аҳд:  |  ИБТИДО  |  ЧИҚИШ  |  ЛЕВИЛАР  |  САҲРОДА  |  ҚОНУНЛАР  |  ЁШУА  |  ҲАКАМЛАР  |  РУТ  |  ШОҲЛАР (БИРИНЧИ КИТОБ)  |  ШОҲЛАР (ИККИНЧИ КИТОБ)  |  ШОҲЛАР (УЧИНЧИ КИТОБ)  |  ШОҲЛАР (ТЎРТИНЧИ КИТОБ)  |  СОЛНОМАЛАР (БИРИНЧИ КИТОБ)  |  СОЛНОМАЛАР (ИККИНЧИ КИТОБ)  |  ЭЗРА  |  НАХИМИЁ  |  ЭСТЕР  |  АЮБ  |  ЗАБУР  |  СУЛАЙМОННИНГ ҲИКМАТЛАРИ  |  ВОИЗ  |  СУЛАЙМОННИНГ ГЎЗАЛ ҚЎШИГИ  |  ИШАЁ  |  ЕРЕМИЁ  |  ЕРЕМИЁНИНГ МАРСИЯСИ  |  ҲИЗҚИЁ  |  ДОНИЁР  |  ХЎШЕЯ  |  ЙЎЭЛ  |  АМОС  |  ОБOДИЁ  |  ЮНУС  |  МИХО  |  НОХУМ  |  ХАБАҚҚУҚ  |  ЗАФАНИЁ  |  ХАГГЕЙ  |  ЗАКАРИЁ  |  МАЛАКИ
Янги Аҳд:
МАТТО  |  МАРК  |  ЛУҚО  |  ЮҲАННО  |  ҲАВОРИЙЛАРНИНГ ФАОЛИЯТИ  |  РИМЛИКЛАРГА МАКТУБ  |  КОРИНФЛИКЛАРГА БИРИНЧИ МАКТУБ  |  КОРИНФЛИКЛАРГА ИККИНЧИ МАКТУБ  |  ГАЛАТИЯЛИКЛАРГА МАКТУБ  |  ЭФЕСЛИКЛАРГА МАКТУБ  |  ФИЛИППИЛИКЛАРГА МАКТУБ  |  КОЛОСАЛИКЛАРГА МАКТУБ  |  САЛОНИКАЛИКЛАРГА БИРИНЧИ МАКТУБ  |  САЛОНИКАЛИКЛАРГА ИККИНЧИ МАКТУБ  |  ТИМЎТИЙГА БИРИНЧИ МАКТУБ  |  ТИМЎТИЙГА ИККИНЧИ МАКТУБ  |  ТИТУСГА МАКТУБ  |  ФИЛИМЎНГА МАКТУБ  |  ИБРОНИЙЛАРГА МАКТУБ  |  ЁҚУБНИНГ МАКТУБИ  |  БУТРУСНИНГ БИРИНЧИ МАКТУБИ  |  БУТРУСНИНГ ИККИНЧИ МАКТУБИ  |  ЮҲАННОНИНГ БИРИНЧИ МАКТУБИ  |  ЮҲАННОНИНГ ИККИНЧИ МАКТУБИ  |  ЮҲАННОНИНГ УЧИНЧИ МАКТУБИ  |  ЯҲУДОНИНГ МАКТУБИ  |  ЮҲАННОГА КЎРСАТИЛГАН ВАҲИЙ


Injil Uzbek tili: Yangi Ahd. Latin online
 Matto | Mark | Luqo | Yuhanno | Havoriylar | Yoqub | 1 Butrus | 2 Butrus | Yuhannoning 1chi | Yuhannoning 2chi | Yuhannoning 3chi | Yahudoning | Rimliklarga | Korinfliklarga 1chi | Korinfliklarga 2chi | Galatiyaliklarga | Efesliklarga | Filippiliklarga | Kolosaliklarga | Salonikaliklarga 1chi | Salonikaliklarga 2chi | Timo‘tiyga 1chi | Timo‘tiyga 2chi | Titusga | Filimo‘nga | Ibroniylarga | Vahiy  
Injil Uzbek tili: Eski Ahd. Latin online
IBTIDO | ZABUR

Китоблар Ўзбек тилидаги: Инжил ва Muqaddas Kitob ва Инжил Каракалпак

Kitoblar - Kutubxona  |  Simfoniya  |  Guvohliklar  |  Musiqa mp3  |  VIDEO  |  UzLatin.com   |  Telegram kanal @kitoblar_elektron_uz


Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musiqasi


(skachat Hamdu-Sano-Xudoga.pdf 2 mb)
Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musika
(skachat Hamdu-Sanolar_Imon-yuli.pdf 1 mb)
Online Yangi o'zbek MP3. Ayni damda musiqa javonida 3gb. guruh. Ҳамду санолар
++ KANAL MP3 https://t.me/uzbekmusika ++


Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

Audio Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

Китоблар Ўзбек тилидаги: Инжил ва Muqaddas Kitob ва Инжил Каракалпак
Uzbek tilida Muqaddas Kitob Injil skachat - Audio mp3, Download (.zip 624mb)



Yaxshi audio kitoblarni O`zbek tilidagi

Audio Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

O'zbek tilidagi Kinolar

Uzbek tilidagi Kinolar

KitoBook.com