HAVORIYLARNING FAOLIYATI

1–BOB

 

Muqaddima

 

1-2Ey Teofil, Isoning bajarishga va o‘rgatishga kirishgan hamma narsalarini, chunonchi Uning dastlabki kunlaridan boshlab, to O‘zining tanlagan havoriylariga[1]Muqaddas Ruh[2] amri ila buyruqlar berib, osmonga ko‘tarilgan kunigacha ro‘y bergan hamma voqealarni ilk kitobimda[3] qalamga oldim.

3Iso azob chekib o‘lgandan keyin, qirq kun mobaynida havoriylariga zohir bo‘lib, Xudoning Shohligi haqida ularga so‘zlar va ko‘p ishonarli isbotlar bilan O‘zini barhayot qilib ko‘rsatar edi. 4Ularni to‘plab, buyurib dedi:

– Quddus shahridan ketib qolmanglar, balki Otamning[4] bergan va’dasi amalga oshguncha u yerda kutib turinglar. Sizlar bu va’dani Mendan eshitgansizlar. 5Yahyo[5] payg‘ambar odamlarni suvga cho‘mdirib, tavba qildirgan, sizlar esa ko‘p o‘tmay Muqaddas Ruhga cho‘mdirilasizlar.

 

Isoning osmonga ko‘tarilishi

 

6Havoriylar shunday yig‘ilgan paytda, Isodan so‘radilar:

– Yo Rabbiy, Sening Isroilda Shohlikni tiklashing shu vaqtga to‘g‘ri kelmaydimi?

7Iso ularga dedi:

– Otam O‘z erki bilan belgilab qo‘ygan vaqtu fursatlarni bilish sizlarning ishingiz emas. 8Lekin Muqaddas Ruh ustingizga tushib kelganda, sizlar quvvat olasizlar, Quddusda, Yahudiya bilan Samariyaning hamma joyida va hatto dunyoning eng olis yerlarida ham Mening shohidlarim bo‘lasizlar.

9Bularni aytgach, Iso ularning ko‘z oldida osmonga ko‘tarildi. Uni bulut qoplab, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. 10Iso ko‘tarilayotib, havoriylar osmonga tikilib turgan paytda, oq kiyim kiygan ikki zot ularning yonida paydo bo‘ldi:

11– Ey jalilaliklar! Nega sizlar osmonga qarab turibsizlar? Sizlarning orangizdan osmonga olingan bu Iso, ko‘kka ko‘tarilganini qanday ko‘rgan bo‘lsangiz, xuddi shunday qaytib keladi, – deyishdi.

 

Xoin Yahudoning o‘rinbosari Mattiya

 

12Shundan so‘ng havoriylar Zaytun tog‘idan Quddusga qaytib keldilar. Bu tog‘ Quddusdan bir chaqirimlik yo‘lchalik[6] yaqindir. 13Ular shaharga kirib, qo‘ngan xonadonlarining boloxonasiga chiqdilar. Butrus, Yoqub, Yuhanno va Idris, Filip va To‘ma, Bartolmey va Matto, Alfey o‘g‘li Yoqub, vatanparvar Simun va Yoqub o‘g‘li Yahudo o‘sha yerda edilar. 14Ularning hammasi, shu jumladan, Isoning onasi Maryam, boshqa xotin-qizlar hamda Isoning ukalari yakdillik va sidqidillik bilan toat-ibodatga berilgan edilar.

15O‘sha kunlarda yuz yigirmaga yaqin imonli birodarlar yig‘ini oldida Butrus oyoqqa turdi-da, so‘zga chiqib: 16“Erlar, birodarlar! – dedi. – Isoni tutib berganlarning sarvari bo‘lmish Yahudo haqida Muqaddas Ruhning Dovud payg‘ambarga bergan oyati bajo kelishi kerak edi. 17Bu kishi safimizga qo‘shilib, o‘sha xizmatidan qismatiga yarashasini olgan edi. 18U harom yo‘l bilan qo‘lga kiritgan puliga bir yerni sotib olib, gup etib qulab tushdi-yu qorni yorildi, butun ichak-chovoqlari chiqib ketdi. 19Bu hodisa butun Quddus ahliga ma’lum bo‘ldi va u yer mahalliy tilda Haqaldama, ya’ni “Qon Yeri” deb atalib qoldi. 20Zabur kitobida yozilganiday:

“Uning maskani huvullab qolsin,

Unda istiqomat qiluvchi qolmasin”.

Va shuningdek:

“Uning o‘rnini boshqasi olsin”[7].

21-22Shunday qilib, endi safimizga qo‘shiladigan kishi, xuddi bizlarga o‘xshab Rabbimiz Isoning tirilganiga shohid bo‘lgan birov bo‘lmog‘i kerak. Rabbimiz Iso oramizda yashagan butun zamonda, ya’ni Yahyo payg‘ambarning odamlarni daryoda tavba qildirish davridan boshlab, to Iso oramizdan yuksaklikka olingan kunga qadar bizlar bilan birga yurgan odamlardan biri bo‘lishi lozim”, – dedi.

23Shunga ko‘ra ikki kishini: Yustus laqabli va Barsabo deb ham ataluvchi Yusuf hamda Mattiyani olg‘a chiqazdilar. 24-25Keyin ibodat qilib dedilar: “Ey butun insonlarning qalbini biladigan Rabbimiz! Yahudoning o‘z joyiga borib, tark etgan havoriylik xizmatini bo‘yniga olishi uchun bu ikki kishidan qay birini tanlading, uni ko‘rsatgin!”

26Shundan so‘ng ular uchun qur’a tashladilar. Qur’a Mattiyaning chekiga tushdi va u o‘n bir havoriyga qo‘shildi.

 

2–BOB

 

Muqaddas Ruhning kelishi

 

1Hosil bayrami[8] bo‘lganda, shogirdlarning hammasi yakdillik bilan bir joyda yig‘ilib turgan edilar. 2To‘satdan osmondan kuchli shamol esayotgandek bir shovqin keldi-yu, ular turgan uyni tamoman to‘ldirdi. 3Olovga o‘xshash alangalanib turgan tillar ularga ko‘rindi. Bular bo‘linib, ularning har biri ustiga bittadan qo‘ndi. 4Hammalari Muqaddas Ruhga to‘lib, Uning berayotgan bashorati bilan yangi tillarda gapira boshlashdi.

5O‘sha zamonda Quddusda falak ostidagi hamma ellardan kelgan dindor yahudiylar turar edi. 6Bu tovushni eshitganlarida, el-ulus bir joyga yalpi to‘planib keldi. Har biri o‘z shevasida gapirishayotganini eshitib, esankirab qoldi. 7Hamma hayratu taajjubga tushib, o‘zaro: “Bu gapirayotganlarning hammasi jalilalik emasmi? – deyishardi. 8– Qanday qilib har birimiz o‘z ona tilimizni eshityapmiz? 9Parfiyaliklar, midiyaliklar, elamliklar; Mesopotamiya, Yahudiya, Kappadokiya, Pont va Asiya yurtlarida yashovchilar, 10Frigiya, Pamfiliya, Misr va Liviyaning Kirineya atrofidagi yerlarda yashovchilar, Rimdan kelganlar, yahudiylar bilan yahudiy diniga kirganlar ham, 11kritliklar bilan arablar ham bizning tillarimizda Xudoning ulug‘ ishlari haqida gapirayotganlarini eshityapmiz”, – der edilar. 12Hamma dovdirab qolib, bir-biriga: “Bu qanday gap?” – deb taajjub izhor etardi. 13Boshqalari esa masxara qilib: “Ular musallas ichib mast bo‘lishibdi”, – deb aytishardi.

 

Havoriy Butrusning xutbasi

 

14Unda Butrus o‘n bir havoriy bilan birga oyoqqa qalqidi-da, ovozini balandlatib xaloyiqqa xitob qildi:

“Ey barcha yahudiylar va Quddusda yashovchilar, so‘zlarimga quloq solib, shuni bilib qo‘yinglar: 15Bu odamlar siz o‘ylagandek mast emaslar, chunki hozir ertalab soat to‘qqiz-ku![9] 16Bu voqea bilan Yo‘el payg‘ambarning azaldan karomat qilib aytganlari bajo kelmoqda. U aytgan edi:

17“Mana, oxirgi kunlarda voqe bo‘ladi,

– deydi Xudovand –

Men butun jonzod uzra O‘z Ruhimni yog‘diraman.

Sizning o‘g‘il-qizlaringiz bashorat qiladilar,

Yigitlaringiz vahiy ko‘radilar,

Mo‘ysafidlaringiz karomatli tush ko‘radilar.

18O‘sha kunlarda Men qulu cho‘rilarim ustiga

O‘z Ruhimni yog‘inday yuboraman,

Ular esa bashorat beradilar.

19Yuksaklikda, osmonda g‘aroyibot,

Tubanlikda, yer yuzida esa ajoyibot,

Qon, olov va pag‘a-pag‘a tutun barpo qilaman.

20Xudovandning ulug‘ va nurafshon kuni kelishidan avval,

Quyosh qorong‘ilikka, oy esa qonga aylanib ketadi.

21O‘shanda Xudovand ismini aytib chaqirgan

Har bir kishi najot topadi”.

22Ey Isroil erlari, bu so‘zlarni tinglanglar! Nosiralik[10] Iso – qilgan qudratli va ajoyib mo‘jizalari asosida Xudo tomonidan tasdiqlangan kishidir. Uning orangizda qilgan ishlarini o‘zlaringiz bilasizlar. 23Xudoning azaliy murod-maqsadi va cheksiz bilimiga ko‘ra qo‘lingizga topshirilgan o‘sha Odamni sizlar tutib, qonunsizlar qo‘li bilan xochga mixlatib o‘ldirdingizlar. 24Lekin Xudo o‘lim zanjirlarini uzib, Uni tiriltirdi, chunki o‘lim Uni ushlab turishi mumkin emas edi. 25DovudZaburda U haqda deganiday:

“Xudovandni doimo oldimda ko‘rdim.

U o‘ng tomonimda bo‘lgani uchun,

Men hech qachon ikkilanmadim.

26Shul bois yuragim quvonur,

Tilimdan shod-xurramlik to‘kilur,

Bundan so‘ng tanim umidvoru bexatar bo‘lur.

27Sen jonimni o‘liklar diyoriga tashlab ketmaysan,

Azizingning chirishni ko‘rishiga yo‘l qo‘ymaysan.

28Hayot yo‘llarini menga bildirib kelding,

O‘z huzuringda meni baxt-quvonchga to‘ydirasan”[11].

29Erlar, birodarlar! Sizlarga ulug‘ otamiz Dovud haqida ro‘y-rost gapirishimga ijozat berilsin: u ham o‘ldi, ham ko‘mildi va uning qabri bugungacha bizda bordir. 30U payg‘ambar bo‘lgani uchun bilar ediki, Xudo unga qasam ichib bergan va’dasi bo‘yicha o‘z urug‘idan bo‘lganlardan birini [Masih qilib, o‘limidan keyin tiriltirib] taxtiga o‘tirg‘izadi. 31U Masihning tirilishini oldindan ko‘rib, Uning joni o‘liklar diyoriga tashlanmasligi, jasadi esa chirishni ko‘rmasligi to‘g‘risida karomat qilgan edi. 32Ana bu Isoni Xudo tiriltirib qo‘ydi, biz hammamiz esa buning guvohlarimiz. 33U Xudoning qudrati bilan yuksaltirilgandan keyin, Ota Xudoning va’dasi bo‘yicha olgan Muqaddas Ruhni bizga yog‘inday yubordi. Hozir sizlar bu voqeani ko‘rib, eshitib turibsizlar. 34Dovud o‘zi osmonga chiqmagan bo‘lsa-da, shuni aytib ketgan:

“Xudovand mening Rabbimga dedi:

35Yovlaringni oyoqlaring ostiga yiqitmagunimcha,

Sen Mening o‘ng tomonimda o‘ltirib turgin”[12].

36Shunday qilib, butun Isroil ahli uzil-kesil bilsinki, sizlar xochga mixlagan bu Isoni Xudo – Rab va Masih qilib tayinladi”.

37Bu so‘zlarni eshitganlar yuraklariga o‘q qadalganday bo‘lishdi, Butrus va boshqa havoriylarga:

– Birodarlar, biz nima qilaylik? – deyishdi. 38Butrus ularga dedi:

– Tavba qilinglar va gunohlaringiz kechirilishi uchun har biringiz Iso Masih nomidan suvga cho‘mib imon keltiringlar. Shunday qilib, Muqaddas Ruh in’omini olasizlar. 39Chunki bizning Rabbimiz – Xudovand bu va’dani sizlar bilan farzandlaringiz va shuningdek, hamon uzoqlardan chorlamoqchi bo‘lgan hamma odamzod uchun bergan.

40Butrus boshqa ko‘p so‘zlar bilan tinglovchilarni ogohlantirib: “Bu buzuq nasldan xalos bo‘linglar!” – deb o‘tinar edi. 41Shunday qilib, uning so‘zini chin ko‘ngildan qabul qilganlar suvga cho‘mib imon keltirdilar. O‘sha kuni uch mingga yaqin jon jamoatga qo‘shildi. 42Ular havoriylarning ta’limotiga, hamdo‘stlikka, non sindirishga[13] va toat-ibodatlarga astoydil berilib borar edilar.

 

Imonlilar jamoatining birdamligi

 

43Har bir jonda xavotir bor edi. Havoriylar esa Quddusda ko‘p ajoyib va mo‘jizakor ishlar qilmoqda edilar. 44Butun imon topganlar hamjihat bo‘lib, hamma narsalari mushtarak edi. 45Mol-mulklarini sotib hammaga, har kimning ehtiyojiga qarab taqsimlab, yordamlashar edilar. 46Har kuni yakdillik bilan ma’badda[14] yig‘ilib turishar, uylarida esa non sindirib, shodlik va soddadillik bilan ovqatlanishardi. 47Xudoning hamdu sanosi ularning tilidan tushmas, butun xalqning ko‘nglini xushlardilar. Xudo esa kun sayin najot topganlarni imonlilar jamoatiga qo‘shib qo‘yar edi.

 

3–BOB

 

Shol tilanchini sog‘aytirish

 

1Bir kuni Butrus bilan Yuhanno ibodat mahali – soat uchda[15] birga ma’badga chiqayotgan edilar. 2U yerda onadan tug‘ma shol bo‘lgan birov ham bor edi. Bu odamni ma’badga kirayotganlardan sadaqa tilash uchun har kun ma’badning Go‘zal degan darvozasi yoniga keltirib qo‘yar edilar. 3U ma’badga kirib kelayotgan Butrus bilan Yuhannoni ko‘riboq, ulardan ham sadaqa so‘radi. 4Butrus bilan Yuhanno esa ko‘zlarini unga tikib:

– Bizlarga qara! – dedilar.

5U odam ulardan biron narsa olishni umid qilib, ularga diqqat bilan qarar edi. 6Butrus unga:

– Menda kumush va oltin yo‘q, ammo o‘zimda borini senga beraman: nosiralik Iso Masih nomidan senga aytaman, o‘rningdan turib yur! – dedi-yu, 7o‘ng qo‘lidan tutib, uni oyoqqa turg‘izdi. Birdaniga uning tizzalari bilan to‘piqlari mustahkamlanib qoldi. 8U dik etib oyoqqa turdi-da, yura boshladi. Xudoga hamd aytib, irg‘ib-sakrab yurganicha, ular bilan ma’badga kirdi.

9Butun xalq esa u odamning Xudoni qanday olqishlab borayotganini ko‘rdi. 10Ma’badning Go‘zal degan darvozasida sadaqa so‘rab o‘tiradigan odam buning o‘zi ekanini ular payqagach, u bilan yuz bergan mo‘jiza qarshisida g‘oyat ajablanib hayron qoldilar.

 

Havoriy Butrusning ikkinchi xutbasi

 

11Sog‘aygan shol Butrus bilan Yuhannoning oldidan ketmay turgani uchun, butun xalq hayron bo‘lib, ularning huzuriga yugurib keldi. U yer Sulaymon ravoqi edi.

12Butrus buni ko‘rib, xalqqa xitoban: “Ey Isroil erlari! – dedi. – Nima uchun bunga hayron bo‘lyapsizlar? Go‘yo bizlar o‘z qudratimiz yoki taqvodorligimiz bilan o‘sha kishini oyoqqa turg‘izganimizdek, bizlarga nega qarab turibsizlar? 13Mana, ota-bobolarimizning Xudosi, Ibrohim, Is’hoq va Yoqubning Xudosi O‘zining O‘g‘loni[16] Isoni yuksaltirib, shon-sharafga sazovor qilgan. Sizlar esa Uning xoinlari bo‘ldingizlar. Pilat[17] Uni qo‘yib yuborishga qaror qilganda, Pilatning oldida Uni rad qildingizlar. 14Qotil odamning sizlarga baxsh etilishini so‘rab, muqaddas va solih Bo‘lganni rad qildingizlar. 15Ha, Hayot Sohibini o‘ldirdingizlar. Biroq Xudo Uni tiriltirdi va biz bunga guvohmiz. 16Bu sizlar ko‘rgan va bilgan odam esa Isoning ismi haqi, Uning ismiga ishonish sababli oldingizda soppa-sog‘ turibdi. Hammangizning ko‘z o‘ngingizda bu odamga shifo bergan narsa – Iso nomidan qilingan e’tiqoddir.

17Endi birodarlar, boshliqlaringiz kabi sizlar ham bu ishni bilmasdan qilganingizni bilaman. 18Xudo-ku barcha payg‘ambarlar og‘zi ila Masihning azob chekishini oldindan xabar qilgan edi va O‘z so‘zini ana shu yo‘sinda bajo keltirdi. 19Shunday qilib, gunohlaringizning o‘chirilishi uchun tavba qilinglar va Xudoga iltijo etinglar, 20toki Xudo sizlarga farog‘at kunlarini baxsh etsin va azaldan tayinlagan Iso Masihni oldingizga yuborsin. 21Garchi, Xudo qadimdan beri muqaddas payg‘ambarlar og‘zi bilan bildirgan borliqni tuzatish vaqti bo‘lmagunga qadar, U osmonda qolishi kerakdir.

22Muso payg‘ambar ota-bobolarimizga gapirib degan: “Rabbingiz bo‘lgan Xudovand sizlarga birodarlaringiz orasidan men kabi bir Payg‘ambar zohir qilgay. Butun ishlarda sizlarga nimaiki gapirsa, Unga quloq solingizlar. 23O‘sha Payg‘ambarga quloq solmagan har bir jon o‘z xalqi orasidan qirib tashlangay”.

24Shuningdek, Shomuil payg‘ambardan boshlab, undan keyin gapirgan butun payg‘ambarlar ham bu kunlarga qarata bashorat qilganlar. 25Sizlar esa payg‘ambarlar vorislari[18], Xudo ota-bobolaringiz bilan qilgan ahdning vorislarisizlar. Xudo: “Yer yuzidagi barcha xalqlar sening naslingdan baraka topadilar”, – deb Ibrohim bilan ahd tuzgan edi. 26Shunday qilib, Xudo har biringizni yovuz ishlaringizdan qaytarib, barakali qilay, deb O‘zining O‘g‘loni Isoni tiriltirdi va birinchi galda sizlarga yubordi”.

 

4–BOB

 

Butrus bilan Yuhanno qamoqda

 

1Butrus bilan Yuhanno xalqqa gapirib turganda, ruhoniylar, ma’bad mirshabboshisi hamda sadduqiy[19] mazhabidan bo‘lganlar ularning ustiga bostirib keldilar. 2Ular Isoni ibrat qilib ko‘rsatib, o‘liklarning tirilishi haqida xalqqa ta’lim berayotganlari uchun, din peshvolari juda achchiqlangan edilar. 3Butrus bilan Yuhannoni ushladilar va endi vaqt kech bo‘ldi, deb ertagacha ularni qamoqxonada qoldirdilar. 4So‘zni eshitganlarning ko‘plari esa imon keltirdilar; bu odamlarning soni besh mingga yaqin edi.

5Ertasi kuni yahudiylarning boshliqlari, oqsoqollari va ulamolariQuddusda to‘plandilar. 6Oliy ruhoniy Hanan, Kayafa, Yuhanno, Iskandar va oliy ruhoniy avlodidan bo‘lgan boshqalarning hammasi shu yerda edilar. 7Ikkala havoriyni o‘rtada turg‘izib: “Sizlar qanday vakolat bilan va kimning nomidan buni qildingizlar?” – deb so‘rashdi ulardan.

8Muqaddas Ruhga to‘lgan Butrus ularga dedi: “Ey xalqning rahnamolari, Isroilning oqsoqollari! 9Agar bugun bir xasta odamga qilingan ezgu ish, uning qanday shifo topgani haqida bizdan javob talab qilayotgan bo‘lsangiz, 10unda hammangizga – butun Isroil xalqiga ma’lum bo‘lsinki, sizlar xochga mixlab qo‘ygan va Xudo esa tiriltirgan nosiralik Iso Masih ismi haqi bu odam qarshingizda soppa-sog‘ turibdi. 11Bu Iso – oyatdagidek: “Siz binokorlar mensimagan, lekin peshtoqning boshi bo‘lib qolgan toshdir”[20]. Boshqa hech kimdan najot yo‘q. 12Najot topishimiz uchun, osmoni falak ostida odamzodga berilgan boshqa hech bir ism yo‘q”.

13Ruhoniylar Butrus va Yuhannoning bu jasoratini ko‘rib va ular o‘qimagan, oddiygina odamlar ekanlarini bilib, juda hayron qoldilar. Ularning Iso bilan birga bo‘lganliklarini payqab oldilar. 14Shifo topgan odamning ham ular bilan birga turganini ko‘rib, ularga qarshi hech narsa ayta olmadilar. 15Ularga kengashdan tashqariga chiqib ketishni buyurib, so‘ngra o‘zaro muhokama qilishga tushdilar. 16“Bu odamlarni nima qilishimiz kerak? Ularning qo‘li bilan ochiqdan-ochiq bir mo‘jiza qilinganini butun Quddus ahli bilib oldi-ku! Bizlar buni rad qilolmaymiz. 17Lekin xalq orasida bu gap yana ko‘proq yoyilmasligi uchun ularga do‘q uramiz, yana tag‘in bu ism to‘g‘risida boshqa hech kimga so‘zlamasinlar”, – deyishdi.

18So‘ngra ularni chaqirib, Iso nomini tilga olib mutlaqo ta’lim bermanglar, deb buyurdilar. 19Lekin Butrus va Yuhanno ularga javob berib: “O‘zlaringiz qaror qilinglar, Xudodan ko‘ra ko‘proq sizlarga quloq solishimiz Xudo oldida to‘g‘ri bo‘ladimi? 20Biz ko‘rgan-eshitganlarimizni aytmay turolmaymiz”, – deyishdi.

21-22Kengash a’zolari jazo berish uchun hech qanday asos topolmagach, ularga yana bir do‘q urib, qo‘yib yubordilar. Mo‘jiza natijasida shifo topgan odam qirq yoshdan oshganini butun xalq bilib, yuz bergan voqea uchun Xudoga hamdu sano aytishar edi.

 

Imonlilar jamoatining ibodati

 

23Butrus bilan Yuhanno ozodlikka chiqarilgandan keyin, o‘rtoqlarining qoshiga borib, oliy ruhoniylar bilan oqsoqollarning barcha aytganlarini so‘zlab berdilar. 24Ular buni eshitgach, bir ovozdan Xudoga nido qilib dedilar:

“Ey bizning Egamiz, yeru osmon, dengiz va ularning ichidagi hamma narsalarni yaratgan Xudo! 25Sen MuqaddasRuh orqali O‘z quling – otamiz Dovud og‘zi ila degansan:

“Millatlar nega isyon ko‘taryaptilar?

Xalqlar nega behuda qasd qilmoqdalar?

26Dunyo podshohlari va hukmdorlari bosh ko‘tarib,

Xudovand va Uning Masihiga qarshi til biriktirdilar”[21].

27Haqiqatan ham, Hirod bilan Po‘ntiy Pilat bu shaharda Isroil xalqi va boshqa xalqlar bilan til biriktirib, Sen Masih deb tayinlagan azizu muqaddas O‘g‘loning[22]Isoga qarshi qo‘l ko‘tarishdi. 28Sen O‘z qudrating va xohishing bilan avvaldan belgilagan ishlarning hammasini bajarishdi. 29Endi, yo Rabbiy, ularning do‘q-po‘pisalariga qara, Sening so‘zingni to‘la jasorat bilan aytish quvvatini shu qullaringga ehson ayla. 30Aziz O‘g‘loning Iso ismi bilan odamlarga shifo berish va turli alomatlar, mo‘jizalar yaratish uchun qo‘lingni uzatgin!”

31Ibodat qilib bo‘lgach, ular yig‘ilib turgan joy silkinib ketdi. Hammalari Muqaddas Ruhga to‘lib, Xudoning so‘zini jasorat bilan gapira boshladilar.

 

Imonlilar jamoatining mushtarak hayoti

 

32Inonganlarning jamoati bir jon, bir tan edi. Hech biri mulkidan biron narsani meniki demas edi, hamma narsani umumiy deb bilishar edi. 33Havoriylar esa Rabbimiz Iso Masih qayta tirildi, deb juda ta’sirchan tarzda guvohlik berishar edi. Xudoning buyuk inoyati barchada namoyon bo‘layotgan edi. 34Oralarida muhtoj kishi yo‘q edi. Chunki yerlari yoki uy-joylari bor bo‘lganlarning hammasi mulklarini sotar, evaziga olgan pullarini keltirib, 35havoriylarning ixtiyoriga topshirardilar. Shu yo‘sinda pul har biriga ehtiyojiga ko‘ra taqsimlanar edi.

36Shular kabi Yusuf ismli, levitlar avlodiga mansub kiprlik bir kishi bor edi. Havoriylar unga Barnabo, ya’ni “dalda beruvchi” degan nom berishgan edi. 37U o‘z yerini sotib, pulini havoriylarning ixtiyoriga topshirdi.

 

5–BOB

 

Hananiya bilan Saffira

 

1Yana Hananiya degan bir kishi bilan xotini Saffira bor edilar. Bu kishi bir yerni sotib, 2xotinining roziligi bilan o‘sha puldan bir qismini olib yashirdi, bir qismini esa keltirib havoriylarning ixtiyoriga topshirdi.

3Butrus unga dedi:

– Ey Hananiya, nega endi sen shaytonga yuragingni boy berib, Muqaddas Ruhga yolg‘on gapirding, yerning pulidan bir qismini olib yashirding? 4Sotishdan oldin u seniki emasmidi? Sotilgandan keyin ham puli sening hukmingda emasmidi? Nima uchun dilingda bunday niyat qilding? Sen odamlarga emas, balki Xudoga yolg‘on gapirding.

5Hananiya bu so‘zlarni eshitishi bilanoq yerga yiqilib jon berdi. Buni eshitganlarning hammasini qattiq dahshat qopladi. 6Yigitlar o‘likni kafanlashga kirishdilar va tashqariga chiqarib ko‘mdilar.

7Bundan qariyb uch soat keyin, bo‘lib o‘tgan voqeadan xabarsiz Hananiyaning xotini ham kirib keldi. 8Butrus burilib, undan so‘radi:

– Menga aytgin, yerni shunchaga sotdingizlarmi?

– Ha, shunchaga, – dedi ayol. 9Butrus:

– Nega sizlar Tangri Ruhini sinab ko‘rishga kelishdingizlar? Mana, eringni ko‘mganlar eshikdan kirishyapti. Endi seni ham tashqariga olib chiqishadi, – dedi.

10Shu ondayoq ayol Butrusning oyoqlariga yiqilib, jon berdi. Yigitlar ichkariga kirib, uni o‘lib yotgan holda ko‘rdilar. O‘ligini tashqariga olib chiqib, erining yoniga ko‘mdilar.

11Bu voqealarni eshitgan butun imonlilar jamoati va boshqa hammani qattiq dahshat qopladi.

 

Shifolar, mo‘jizalar

 

12Xalq orasida havoriylarning qo‘llari bilan ko‘p ajoyib va mo‘jizali ishlar sodir bo‘lar edi. Hamma imonlilar yakdillik bilan Sulaymon ravoqida yig‘ilib turdilar. 13Xalq sharaflayotgan bo‘lsa-da, ammo tashqaridan hech kim ular bilan qo‘shilishga jur’at eta olmas edi. 14Shunga qaramay, Isoni Rabbim deb tan olib, jamoatga qo‘shilgan erkak va ayollarning soni tobora ortib borar edi. 15Butrus o‘tib ketayotganda, hech bo‘lmasa uning soyasi ba’zilar ustiga tushsin deb, xastalarni ko‘chalarga chiqazib, zambil va karavotlarga yotqizib qo‘yishar edi. 16Tevarakdagi shaharlar aholisi ham Quddusga ko‘plashib kelib, o‘zlarining kasal va yomon ruhlardan qiynalgan odamlarini keltirar edilar. Qiynalganlarning hammasi esa shifo topar edilar.

 

Havoriylar quvg‘in ostida

 

17Shuning ketidan oliy ruhoniy va uning sadduqiy mazhabidagi barcha maslakdoshlarining g‘ashligi keldi. 18Havoriylarni qo‘lga olib, davlat qamoqxonasiga tashladilar. 19Lekin Xudovandning farishtasi kechasi zindonning eshiklarini ochib, ularni tashqariga chiqarib qo‘ydi. 20“Boringlar, ma’badga chiqib, bu abadiy hayot so‘zlarining barini xalqqa aytaveringlar!” – dedi farishta. 21Havoriylar bu so‘zga quloq solib, erta tong ma’badga kirib ta’lim bera boshladilar.

Shu paytda oliy ruhoniy va u bilan birga bo‘lganlar kelib, Isroil o‘g‘illarining oqsoqollar majmui bo‘lgan Oliy Kengashni yig‘ilishga chaqirdilar, havoriylarni keltirish uchun zindonga odam yubordilar. 22Lekin xizmatkorlar borib, zindonda ularni topmay, qaytib kelib:

23– Biz qamoqxonani butun ehtiyotkorlik bilan qulflangan va qorovullarni eshiklar oldida turgan holda ko‘rdik. Lekin ochib qaraganimizda, ichkarida hech kimni topmadik, – degan xabarni berdilar.

24Ma’bad mirshabboshisi va barcha oliy ruhoniylar bu so‘zlarni eshitib, hayron bo‘lishdi. “Bu nima bo‘lishi mumkin?” deb o‘ylanib qoldilar. 25O‘sha paytda bir odam xabar olib kelib:

– Mana, sizlar zindonga tashlagan odamlar ma’badda xalqqa ta’lim berib yurishibdi, – dedi. 26Mirshabboshi xizmatchilari bilan birga borib, ularni olib keltirdi. Xalq bizlarni toshbo‘ron qilar, deb qo‘rqqanlari uchun ularga zo‘rlik ishlatmadilar.

27Havoriylarni olib kelib, Oliy Kengash huzurida turg‘izib qo‘yishdi. Oliy ruhoniy ularni so‘roq qildi:

28– Bu ism asosida ta’lim bermanglar, deb sizlarga qattiq taqiq qilmaganmidik? Mana, ta’limotingiz bilan Quddusni to‘ldirib yubordingizlar va bu Odamning qonini bizning bo‘ynimizga tushirmoqchisizlar, – dedi. 29Butrus va boshqa havoriylar bunga javoban:

– Odamlardan ko‘ra Xudoga ko‘proq itoat qilish kerak. 30Sizlar yog‘ochga osib o‘ldirgan Isoni ota-bobolarimizning Xudosi tiriltirib qo‘ydi. 31Isroil xalqi gunoh qilishdan qaytib kechirim topsin, deb Xudo Isoni yuksaltirib, O‘zining o‘ng tomoniga o‘tqazib, Sarvar va Xaloskor qilib qo‘ydi. 32Bizlar bu ishlarning guvohlarimiz. Shuningdek, Xudoga itoat qilganlarga nasib bo‘ladigan MuqaddasRuh ham guvohlik qilmoqda, – dedilar.

 

Gamalielning dono maslahati

 

33Kengash a’zolari buni eshitgach, qattiq g‘azablanib havoriylarni o‘ldirishga qasd qildilar. 34Lekin farziy mazhabidagi bir Tavrot tafsirchisi, butun xalqning hurmatini qozongan Gamaliel ismli bir kishi Kengashda o‘rnidan turib, havoriylarni qisqa vaqtga tashqariga chiqazib turishni buyurdi. 35So‘ng Kengash a’zolariga xitob qildi:

“Ey Isroil erlari, bu odamlardan ehtiyot bo‘linglar! Sizlar nima qilmoqchisizlar? 36Mana, bundan oldin o‘zini bir buyuk kishidek ko‘rsatgan Fevda paydo bo‘ldi-ku, unga esa qariyb to‘rt yuz kishi qo‘shildi. U o‘ldirildi, unga qo‘shilganlarning hammasi esa tarqab, yo‘qolib ketishdi. 37Undan keyin, aholini ro‘yxatga olish o‘tkazilgan vaqtda jalilalik Yahudo paydo bo‘lib, ancha xalqni orqasidan ergashtirib bordi. Lekin u ham halok bo‘ldi va unga ergashganlarning barchasi tarqab ketishdi. 38Endi sizlar bu odamlardan qo‘l tortinglar, deyman, ularni qo‘yib yuboringlar! Chunki agar bu qilingan tashabbus, bu harakat inson ishi bo‘lsa, vayron bo‘ladi. 39Lekin agar Xudodan bo‘lsa, sizlar uni buzolmaysizlar. Yana siz ham Xudoga qarshi urush qilganlardan bo‘lib qolmanglar!”

40Kengash a’zolari Gamalielning maslahatiga ko‘nishdi. Havoriylarni chaqirib, ularni kaltaklashga buyurishdi. So‘ng Iso nomidan so‘zlashlarini taqiqlab, ularni qo‘yib yuborishdi. 41Havoriylar esa, Rabbimiz Iso nomi uchun haqoratga sazovor bo‘ldik, deb quvonib, Kengashdan chiqib ketishdi. 42Ular har kuni ma’badda va xonadonlarda ta’lim berish, Iso Masih haqidagi Xushxabarni yoyishdan tinmas edilar.

 

6–BOB

 

Yetti vazifadorni tanlash

 

1Iso shogirdlari ko‘payib borayotgan o‘sha kunlarda yunon tilida so‘zlashuvchi yahudiylar orasidan yerli yahudiylarga qarshi norozilik yuz berdi, chunki kundalik ehtiyojlarini ulashib berayotganda, ularning beva ayollari e’tiborsiz qolardilar. 2Ana shu sababli, o‘n ikki havoriy Iso shogirdlarining jamini chaqirib, bunday dedilar:

“Biz Xudoning kalomini yoyish ishini chetda qoldirib, dasturxonga xizmat qilishimiz yaxshi emas. 3Ey birodarlar, endi sinalgan hamda Muqaddas Ruh va hikmatga to‘lib-toshgan yetti kishini orangizdan tanlab olinglar; ularni bu xizmatga tayin etamiz. 4Bizlar esa doimo ibodatga berilib, Xudo kalomini yoyish xizmatida mashg‘ul bo‘laylik”.

5Bu taklif butun jamoatga ma’qul tushdi. Imoni komil va Muqaddas Ruhga to‘lgan Stefan ismli odamni, shuningdek, Filip, Proxor, Nikanor, Timon, Parmen va yahudiy diniga kirgan antioxiyalik Nikolayni sayladilar. 6Ularni havoriylar oldiga turg‘izib qo‘ydilar. Havoriylar esa ularning boshiga qo‘llarini qo‘yib duo qildilar.

7Shunday qilib, Xudoning kalomi yoyilgan sari, Quddusdagi Iso shogirdlarining soni nihoyatda ko‘payib borar edi. Ayniqsa, ruhoniylardan ko‘pchilik imonga bo‘ysunishar edi.

 

Stefanni qo‘lga olish

 

8Bu payt imoni komil[23] va ilohiy qudratga to‘lgan Stefan xalq orasida buyuk va ajoyib mo‘jizalar ko‘rsatar edi. 9Erkinlar Sinagogasi degan yahudiy jamoasidan ba’zilari, shuningdek, Kirineya, Iskandariya, Kilikiya va Asiyadan bo‘lgan bir qancha kishilar Stefan bilan bahsga kirishdilar. 10Biroq uning so‘zidagi hikmat va Ruhga qarshi turolmadilar. 11Shunda ba’zi odamlarni gijgijlab: “Buning Muso va Xudoga qarshi kufr so‘zlari aytganini eshitdik”, – deb aytishga ko‘ndirdilar. 12El-xalqni va oqsoqollar bilan ulamolarni qo‘zg‘ab, Stefanga hujum qilishdi-yu, uni tutib olib, Oliy Kengashning qoshiga sudrab kelishdi. 13Soxta guvohlarni yollab, ularga bunday degizdilar: “Bu odam hadeb shu muqaddas ma’bad va Tavrotni yomonlab yuribdi-ku. 14Nosiralik Iso bu joyni xarob qiladi va Musoning bizlarga bergan urf-odatlarni o‘zgartiradi, deb aytganini eshitdik”.

15Shu payt Oliy Kengashda o‘tirganlarning hammasi Stefanga tikilib qarab, uning yuzi bir farishtaning yuziga o‘xshab qolganini ko‘rishdi.

 

7–BOB

 

Stefanning himoya nutqi

 

1Oliy ruhoniy Stefandan: “Bu so‘zlar rostmi?” – deb so‘radi. 2Stefan so‘z boshladi:

“Ey erlar, birodarlar va otalar, tinglanglar! Otamiz Ibrohim Horon shahriga ko‘chib o‘rnashishidan avval, hali Mesopotamiyada bo‘lganda, ulug‘vor Xudovand unga zohir bo‘lib: 3“O‘z yeringdan, ona yurtingdan chiqib, Men senga ko‘rsatadigan yerga ket”, – degan edi.

4O‘shanda Ibrohim xaldeylarning yurtidan chiqib, Horon shahrida istiqomat qildi. Otasi o‘lgandan keyin, u yerdan sizlar yashayotgan bu yerga Xudo uni ko‘chirdi. 5Bu yerda unga oyoq qo‘yadigan biron parcha yerni bermadi. Lekin hali uning bolasi yo‘q ekan, Xudo bu yurtni unga va uning zurriyotiga mulk qilib berishni va’da etdi. 6Xudo uning zurriyoti begona yurtda g‘ariblarcha yashab, to‘rt yuz yil qul bo‘lib jabr-zulm ko‘rajagini bildirdi. 7“Ularni qul qilib olgan xalqni esa Men hukm qilaman. Shundan keyin ular u yerdan chiqib, bu yerda Menga xizmat qiladilar”, – dedi Xudo.

8So‘ngra ularga sunnat ahdini[24] berdi. Ibrohim esa Is’hoq ismli o‘g‘il ko‘rib, uni sakkiz kunligida sunnat qildi. Is’hoq ham Yoqub bilan, Yoqub esa o‘n ikki qabilamiz otalari bilan shunday yo‘l tutdi.

9Otalar g‘arazga to‘lib, Yusufni Misrga sotdilar. Lekin Xudo u bilan birga edi. 10Xudo Yusufni butun qayg‘ularidan xalos qilib, unga hikmat berdi, uni Misr podshohi Fir’avnning himmatiga sazovor etdi. Fir’avn uni Misr va butun saroyi ustidan hokim qilib qo‘ydi.

11Undan so‘ng butun Misr va Kan’on o‘lkalari bo‘ylab qahatchilik yuz berdi-yu, buyuk qayg‘u davri boshlandi. Otalarimiz oziq-ovqat topmaydigan bo‘lishdi. 12Yoqub Misrda bug‘doy borligini eshitib, birinchi galda otalarimizni u yerga jo‘natdi. 13Ikkinchi gal borganlarida esa, Yusuf aka-ukalariga o‘zini tanitib qo‘ydi. Shu yo‘sinda Yusufning avlodi Fir’avnga ma’lum bo‘lib qoldi. 14Yusuf ham xabar yuborib, otasi Yoqubni va yetmish besh nafardan iborat butun urug‘-aymog‘ini chaqirtirib oldi. 15Yoqub Misrga bordi. O‘zi va otalarimiz u yerda qazo qildilar. 16So‘ngra jasadlari Shakam shahriga keltirilib, shakamlik Hamo‘r o‘g‘illaridan Ibrohimning kumush pulga sotib olgan maqbarasiga dafn etildilar.

17Xudo Ibrohimga bergan qasamli va’dasini bajo keltirish vaqti yaqinlashganda, Isroil xalqi Misrda unib-o‘sib ko‘paygan edi. 18U vaqt Misrda Yusufni tanimagan boshqa bir podshoh taxtga chiqdi. 19Bu podshoh avlodimizga qarshi nayrang ishlatdi, ota-bobolarimizga jabr-jafo o‘tkazdi. Go‘daklarini tashlab, ularni o‘limga mahkum etishga majbur qildi.

20Shu vaqtda Xudo juda go‘zal qilib yaratgan Muso tug‘ildi. U uch oy otasining uyida boqildi. 21Tashlab ketilgandan so‘ng, Fir’avnning qizi uni topib olib, o‘z o‘g‘li kabi tarbiya qildi. 22Musoga misrliklarning hamma hikmati o‘rgatilib, u so‘zda va ishda mahoratli bo‘ldi.

23Muso qirq yoshga to‘lganda, uning yuragida birodarlari – Isroil o‘g‘illarini ko‘rish orzusi tug‘ildi. 24Ozor tortayotgan bir odamni ko‘rganda, uning tarafini olib, misrlikni o‘ldirdi, ranjiganning o‘chini oldi. 25“Xudo men orqali ularga najot berishini birodarlarim tushunar”, deb o‘ylagan edi. Lekin ular tushunmadi.

26Ertasi kuni Muso urishayotganlarni ko‘rib qoldi. Ularni yarashishga undab:

– Sizlar birodarsizlar; nega bir-birovlaringizga ozor beryapsizlar? – dedi. 27Lekin birodariga ozor berayotgan odam Musoni itarib:

– Kim seni ustimizga boshliq va qozi qilib qo‘ydi? 28Kecha misrlikni o‘ldirganing kabi meni ham o‘ldirmoqchimisan? – dedi.

29Bu so‘zlarni eshitib, Muso qochib ketdi. Midyon[25] diyorida musofir bo‘lib yashab, u yerda ikki o‘g‘il ko‘rdi.

30Qirq yil to‘lgandan keyin, Sinay tog‘i sahrosida yonayotgan butaning alangasi ichidan Musoga Xudovandning farishtasi zohir bo‘ldi. 31Muso bu manzarani ko‘rib hayratda qoldi. Qarash uchun yaqinlashganda, Xudovand unga xitob qilib: 32“Men otalaringning Xudosiman, Ibrohim, Is’hoq va Yoqubning Xudosiman”, – dedi. Muso esa qo‘rquvdan titrab, qarashga jur’at eta olmas edi.

33“Oyoq kiyimlaringni yechib qo‘y, chunki sen turgan joy muqaddas yerdir, – dedi unga Xudovand. 34– Men Misrda bo‘lgan xalqimning musibatini ko‘rib, nolasini eshitdim va ularni xalos qilish uchun osmondan tushdim. Endi bor, Men seni Misrga yuboraman”.

35Odamlar: “Seni kim boshliq va qozi qilib qo‘ydi?” – deb rad etganlari ana shu Muso edi. Butada Musoga zohir bo‘lgan farishta orqali Xudo Musoni boshliq va xaloskor qilib yubordi. 36Isroil xalqini Misr diyoridan chiqargan, u yerda, Qizil dengizda hamda qirq yil sahroda ajoyib mo‘jizalar yaratib yurgan o‘sha Muso edi. 37Bu orada Isroil o‘g‘illariga: “Rabbingiz – Xudovand sizlarga birodarlaringiz orasidan men kabi bir Payg‘ambar zohir qilgay, Unga quloq solingizlar”, – degan o‘sha Muso edi. 38Sahroda Xudoning ummati oldida bo‘lgan, Sinay tog‘ida farishtaning huzurida hamda ota-bobolarimiz huzurida turgan o‘sha Muso edi. Farishta bizga yetkazish uchun Musoga hayotbaxsh kalomlar bergan edi.

39Ammo ota-bobolarimiz unga bo‘ysunishni istamay, rad qilishdi, ko‘ngillarini Misr tomon moyillantirishdi. 40Horunga[26]: “Bizlarga bosh bo‘ladigan xudolar yasa, chunki bizni Misr yeridan chiqargan Musoga nima bo‘lganini bilmaymiz”, – deyishdi.

41O‘sha kunlarda bir buzoqni yasadilar. Butga qurbonlik so‘yib, o‘z qo‘llari yaratganidan quvonib ketdilar. 42Xudo esa ulardan yuz o‘girib, osmon jismlariga topinishga ularni topshirib qo‘ydi. Payg‘ambarlarning kitobida yozilganidek:

“Ey Isroil xonadoni!

Qirq yil sahroda kezganlaringizda,

Qurbonliklar so‘yib, Menga tasadduq berdingizmikin?

43Sizlar-ku ilohingiz Malukning[27] chodirini,

Xudoyingiz Kayvonning[28] yulduzini ko‘tarib yurdingizlar.

O‘zlaringizga but timsollarini yasab,

Ularga sig‘inib sajda qildingizlar.

Shu sababli Men sizlarni Bobildan nariga surgun qilaman”.

44Sahroda otalarimizning shahodat chodiri[29] bor edi. Bu chodir xuddi Xudoning Musoga buyurgan tasvirida yasalgan edi. 45Chodirni qabul qilgan otalarimiz Nabi Yasu bilan birga yurishdi. Xudo quvgan xalqlarning mol-mulkini egallab olgan sayin, chodirni o‘zlari bilan olib borishardi. Dovudning kunlariga qadar chodir oralarida qoldi. 46Xudoning mehrini qozongan Dovud: “Yoqubning Xudosiga bir maskan qurib beray”, – deb orzumand bo‘ldi. 47Nihoyat Dovud o‘g‘liSulaymon Xudoga uy qurib berdi.

48Shunga qaramasdan, Xudoyi Taolo inson qo‘li bilan qurilgan ma’badlarda yashamaydi. U payg‘ambar og‘zi ila aytganki:

49“Osmon – Mening taxtim,

Yer esa – poyandozim ekan,

Sizlar Menga qanday uy qurasizlar?

– deb aytadi Xudovand, –

Yoki Mening orom topishim uchun

Qanday maskan bor ekan?

50Bularning hammasini yaratgan

Mening qo‘lim emasmi?”

51Ey ensasi qotganlar! Yuragi va quloqlari sunnat bo‘lmaganlar[30]! Otalaringiz kabi sizlar ham doimo Muqaddas Ruhga qarshi turasizlar. 52Otalaringiz payg‘ambarlardan qaysi birini quvg‘in qilishmagan? Solih Kishining[31] kelishini bashorat qilib aytganlarni ham o‘ldirishgan-ku. Sizlar ham endi O‘shaning xoinlari va qotillari bo‘lib qoldingizlar. 53Sizlar Ilohiy Qonunni farishtalar buyrug‘i bilan olib, o‘sha Qonunga rioya qilganingiz yo‘q!”

 

Stefanni toshbo‘ron qilish

 

54Kengash a’zolari bu so‘zlarni eshitgach, quturib jo‘shib, Stefanga qarshi tishlarini g‘ijirlatdilar. 55Muqaddas Ruhga to‘lgan Stefan esa osmonga tikilib qarab, Xudoning ulug‘vorligini va Xudoning o‘ng tomonida turgan Isoni ko‘rdi. 56“Mana, men osmonning ochilib ketganini va Xudoning o‘ng tomonida turgan Inson O‘g‘lini[32] ko‘ryapman!” – dedi.

57Ular bo‘lsa quloqlarini bekitib, ovozlari boricha qichqirib, hammalari Stefan ustiga yopirildi. 58Uni shahardan tashqariga sudrab chiqib, toshbo‘ron qilishdi. Unga qarshi guvohlikka o‘tganlar esa kiyimlarini Shoul degan bir yigitning poyiga qo‘yishdi. 59Stefanni toshbo‘ron qilayotganlarida, u ibodat qilib: “Yo Rabbim Iso, ruhimni qabul qilgin!” – dedi. 60Oxiri tiz cho‘kib, baland ovoz bilan xitob qildi: “Yo Rabbiy, bu gunohni ularga qo‘yma!”

Shuni aytib, jon berdi.

 

8–BOB

 

Quvg‘in keskinlashmoqda

 

1Stefanning o‘ldirilishini Shoul ma’qullagan edi. O‘sha kunning o‘zida Quddusdagiimonlilar jamoatiga qarshi keskin quvg‘in davri boshlandi. Havoriylardan boshqa hamma Yahudiya va Samariyaning har xil joylariga tarqab ketdilar. 2Ba’zi dindor odamlar Stefanni ko‘mib, u uchun katta yig‘i qildilar. 3Shoul esa imonlilar jamoatini talon-taroj qilar edi. Uyma-uy yurib, erkakmi, xotinmi, hammani sudrab qamoqxonaga berar edi.

 

Samariyada Filip va sehrgar Simun

 

4Shu orada tarqalib ketganlar InjilXushxabarini targ‘ib qilib yurishdi. 5Filip Samariya shahriga kelib, uning ahliga Masihni targ‘ib qildi. 6Filipning so‘zini tinglashib va qilayotgan mo‘jizalarini ko‘rishib, butun xalq unga quloq soldi. 7Chunki yomon ruhlarga giriftor bo‘lgan ko‘p kishilardan ruhlar baland ovoz bilan baqirib chiqar, anchagina sholu cho‘loqlar esa shifo topardi. 8Shunday qilib, u shaharga katta xursandchilik keldi.

9Samariya shahrida sehrgarlik qilgan, o‘zini buyuk bir odam qilib ko‘rsatib, shahar aholisini hayratda qoldirib kelayotgan Simun ismli bir kishi bor edi. 10Kattayu kichik hamma unga quloq osib: “Bu Xudoning buyuk qudrati!” – deb aytar edi. 11Simun ancha vaqtdan beri o‘zining sehr-jodu ishlari bilan xalqni hayratda qoldirib kelgani uchun, hamma unga quloq berishar edi. 12Lekin Xudoning Shohligi va Iso Masih to‘g‘risidagi Xushxabarni keltirgan Filipni tinglashib, ko‘p erkak va xotin uning so‘ziga ishondi va suvga cho‘mib imon keltirdi. 13Simunning o‘zi ham ishonib, suvda imon keltirdi. U Filipning qilayotgan ajoyib va qudratli mo‘jizalarini ko‘rgan sayin hayratga tushib, Filipdan ajralmaydigan bo‘lib qoldi.

14Quddusda qolgan havoriylar esa, samariyaliklar[33] ham Xudoning kalomini qabul qilibdi, deb eshitganlarida, Butrus bilan Yuhannoni ularning oldiga yuborishdi. 15Butrus bilan Yuhanno u yerga kelgach, samariyalik imonlilar Muqaddas Ruhni qabul qilishi uchun ibodat qilishdi. 16Chunki ularning birortasiga ham MuqaddasRuh tushmagan edi. Ular Isoni Rabbimiz deb tan olib, suvda imon keltirishgan edi, xolos. 17Havoriylar ularning boshiga qo‘l qo‘yishi bilanoq ular Muqaddas Ruhni qabul qilishdi.

18Havoriylarning qo‘l qo‘yishi bilan Muqaddas Ruh berilganini Simun ko‘rib, ularga pul keltirdi-da:

19– Menga ham bu qudratni beringlar, toki, kimning boshiga qo‘llarimni qo‘ysam, Muqaddas Ruhni qabul qiladigan bo‘lsin! – dedi. 20Lekin Butrus unga:

– Kumushing sen bilan birga halok bo‘lsin; sen Xudoning hadyasini pul bilan olish mumkin deb xayol qilding, – dedi. 21– Bu ishda sening na hissang bor va na qismating bor, chunki Xudo oldida yuraging to‘g‘ri emas. 22Endi bu yomonligingdan tavba qilib Xudoga yolvor, balki yuragingning niyatidan kechar. 23Chunki sening achchiq zardaga to‘lgan va yovuzlik zanjiriga bog‘langaningni ko‘ryapman.

24Simun bunga javoban:

– Men uchun sizlar Rabbingizga yolvorib sig‘ininglar, tag‘in aytganlaringizdan biri boshimga tushmasin! – dedi.

25Butrus bilan Yuhanno u yerda Xudoning kalomini va’z qilib, shahodat bergandan keyin, Samariyaning yana ko‘p qishloqlariga Xushxabarni yetkazib, Quddusga qaytib ketdilar.

 

Filip va habashistonlik amaldor

 

26Shu paytda Filipga Xudovandning farishtasi gapirib: “O‘rningdan tur va janub tomon, Quddusdan G‘azaga boradigan sahro yo‘liga bor!” – dedi. 27Filip esa yo‘lga ravona bo‘ldi.

O‘sha vaqtda Habashiston malikasi Kandakining vaziri, malikaning butun xazinalari mudiri bo‘lgan habashistonlik bir amaldor[34] o‘z vataniga qaytib ketayotgan edi. U Xudoga topinish uchun Quddusga borib kelgan, 28aravasida Isha’yo payg‘ambarning kitobini o‘qib o‘tirgan edi.

29Muqaddas Ruh Filipga: “Yaqinlashib bu aravaga hamroh bo‘lgin!” – dedi. 30Filip habashning oldiga chopib bordi. Uning Isha’yo payg‘ambarning kitobini o‘qib turganini eshitib:

– O‘qiyotganingni tushunyapsanmi? – deb so‘radi.

31– Menga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatuvchi bo‘lmasa, qanday tushuna olaman? – dedi habash. Filipdan o‘z yoniga chiqib o‘tirishni iltimos qildi. 32Uning Tavrotdan o‘qiyotgan joyi esa bu edi:

“U qo‘y kabi bo‘g‘izlashga yetaklandi.

Qo‘zi jun qirquvchisi oldida qanday indamay tursa,

U ham O‘z og‘zini ochmadi.

33U xo‘rlanib haqqoniyatdan mahrum bo‘ldi,

Yer yuzidagi umriga xotima berildi.

Uning nasl-nasabini kim zikr etur?”[35]

34Amaldor Filipga qarab:

– Sendan iltimos qilaman, payg‘ambar buni kim haqida aytyapti? O‘zi haqidami yoki boshqa kishi haqidami, menga ayt-chi, – dedi.

35Filip esa o‘sha oyatdan boshlab, Iso haqidagi Xushxabarni unga bayon qildi. 36Yo‘lda davom etib ketayotganlarida, suv bor bir joyga keldilar. Amaldor:

– Mana, suv! Mening cho‘mib imon keltirishimga nima to‘sqinlik qiladi? – dedi. 37[Filip unga:

– Agar butun qalbing bilan ishonsang bo‘ladi, – dedi. Amaldor:

– Iso Masih – Xudoning O‘g‘li deb ishonaman, – dedi.]

38O‘shanda aravani to‘xtatishga buyurib, Filip bilan amaldor ikkalasi ham suvga tushishdi, Filip amaldorni suvga cho‘mdirib imonga kiritdi. 39Ular suvdan chiqqach, Muqaddas Ruh [amaldorning ustiga tushib keldi va Xudovandning farishtasi] Filipni ko‘tarib ketdi. Amaldor boshqa uni ko‘rmadiyu, quvonib o‘z yo‘lida davom etdi.

40Filip Ashdod shahrida paydo bo‘ldi va Kesariyaga kelguncha yo‘l yurib, hamma shaharlarda Xushxabarni targ‘ib qildi.

 

9–BOB

 

Shoulning imon keltirishi

 

1Shoul hali ham Iso Masihning shogirdlariga qarshi qatlu qirg‘in tahdidlari bilan nafas olib yurar edi. U oliy ruhoniyning huzuriga borib, 2Damashq shahridagi yahudiyibodatxonalari uchun maktublar so‘radi. Bu ta’limotning izidan borayotgan kimsani topsa, u erkak yoki xotin bo‘lishidan qat’i nazar, kishanlab Quddusga keltirmoq niyatida edi. 3Yo‘li Damashqqa yaqinlashganda, to‘satdan osmondan tushgan nur uning atrofini yarqiratib yubordi. 4U yerga yiqilgan zahoti:

– Shoul, Shoul! Nega Meni quvg‘in qilyapsan? – degan ovozni eshitdi. 5Shoul:

– Yo Rabbiy, Sen kimsan? – dedi.

– Men sen quvg‘in qilayotgan Isoman. Nishga qarshi tepishing qiyin, – dedi U. 6Shoul vahimalanib, titroq bilan:

– Yo Rabbiy, nima qilishimni buyurasan? – dedi. Iso unga:

– Qani, o‘rningdan turib shaharga kir, unda nima qilishing kerakligi senga aytiladi, – dedi.

7Shoulning hamrohlari ovozni eshitib, lekin hech kimni ko‘rmasdan, qotib qolgandilar. 8Shoul yerdan turib ko‘zlarini ochganda, hech narsa ko‘rinmas edi. Uni qo‘lidan tutib, Damashq shahriga keltirdilar. 9Uch kungacha ko‘zlari ko‘rmay qoldi, na yedi va na ichdi.

10Damashq shahrida Hananiya degan Isoning shogirdi bor edi. Rabbimiz Iso vahiyda unga ko‘rinib:

– Ey Hananiya! – dedi.

– Labbay, Rabbim! – dedi u. 11Rab unga dedi:

– O‘rningdan tur va To‘g‘ri degan ko‘chaga borib, Yahudoning uyidagi Tars shaharlik Shoul ismli odamni so‘ragin. Shu mahalda u ibodat qilyapti. 12Vahiyda Hananiya ismli bir odam uning yoniga kelganini va ko‘zlari ochilishi uchun qo‘llarini uning boshiga qo‘yganini ko‘rdi.

13Hananiya javob berdi:

– Yo Rabbiy, bu odam Quddusda Sening azizlaringga qancha yomonlik qilgani haqida ko‘p odamlardan eshitdim. 14Bu yerda ham Sening ismingni aytganlarning hammasini tutqunga solish uchun oliy ruhoniylardan ijozat olibdi-ku, – dedi.

15Rabbimiz Iso unga shunday dedi:

– Sen boraver, mana bu odam Mening ismimni turli xalqlar, podshohlar va Isroil o‘g‘illari oldida ulug‘lash uchun tanlangan qurolimdir. 16Mening ismim uchun u qanchalar azob chekishi kerak ekanini O‘zim unga ko‘rsataman.

17Hananiya borib o‘sha uyga kirdi. Shoulning boshiga qo‘llarini qo‘yib:

– Birodarim Shoul! Kelayotgan yo‘lingda senga ko‘ringan Rabbimiz Iso, ko‘zlaring yana ko‘rishi va Muqaddas Ruhga to‘lishing uchun meni yubordi, – dedi.

18O‘sha zahoti Shoulning ko‘zlaridan parda tushganday bo‘lib, ko‘ra boshladi. O‘rnidan turiboq, suvga cho‘mib imon keltirdi. So‘ng ovqat yeb, quvvatga kirdi.

 

Shoulning joniga qasd

 

19Shoul bir necha kun Damashqdagi Iso shogirdlari bilan birga bo‘ldi. 20U darhol Iso Xudoning O‘g‘li ekani haqida yahudiy ibodatxonalarida targ‘ibot qila boshladi. 21Eshitganlar esa hayratda qolib: “Quddusda bu ismni aytganlarni qirib tashlagan, kishanlab oliy ruhoniylarga olib borish uchun bu yerga kelgan uning o‘zi emasmi?” – deb aytishardi. 22Shoul esa tobora nufuzini oshirib borardi. Isoning Masihligiga doir ishonarli dalillarni olg‘a surib, Damashqda turgan yahudiylarni dovdiratib qo‘yardi.

23Oradan necha kunlar o‘tib, nihoyat yahudiylar so‘z biriktirib, Shoulni o‘ldirishga qaror qilishdi. 24Uni o‘ldirish uchun kechayu kunduz shahar darvozalari oldida poylab turishar edi. Lekin ularning qasdi Shoulga ayon bo‘ldi. 25Kechasi shogirdlar uni savatga solib, devordan tushirib yuborishdi.

26Shoul Quddus shahriga yetib borgach, u yerdagi Iso shogirdlariga qo‘shilib, inoqlashishga urindi. Lekin uning Iso shogirdi bo‘lganiga hech kim ishonmay, undan qo‘rqishardi. 27O‘shanda Barnabo Shoulni havoriylarning huzuriga boshlab keldi va uning yo‘lda Isoni qanday ko‘rib, Iso unga nima deb so‘zlaganini, Damashqda Isoning nomi bilan qanday dovyuraklik bilan va’z aytganini ularga aytib berdi. 28Bundan keyin Shoul endi ular bilan birga yuradigan bo‘lib, Quddusda Rabbimiz Isoning nomi bilan qo‘rqmasdan targ‘ibot qilardi. 29Yunon tilida so‘zlashuvchi yahudiylar bilan ham suhbatlashib bahslashardi. Ular esa Shoulni o‘ldirish payiga tushdilar. 30Imonli birodarlari buni eshitgach, Shoulni Kesariyagacha kuzatib, Tarsga jo‘natishdi.

31Shunday qilib, Yahudiya, Jalila va Samariya yurtlari bo‘ylab imonlilar jamoati tinchlikka erishdi. Jamoat Xudodan qo‘rqib tobora rivoj topar, Muqaddas Ruhdan jasurlanib, son jihatdan ko‘payib borardi.

 

Sog‘aygan Yeney, tirilgan Tavita

 

32Bu orada Butrus hamma joylarni aylanib chiqib, Lo‘d shahrida turgan imonlilarning oldiga ham bordi. 33U yerda sakkiz yildan beri to‘shagidan turmagan Yeney ismli bir shol odamni ko‘rdi. 34Butrus unga:

– Yeney, Iso Masih senga shifo beryapti. O‘rningdan tur, ko‘rpa-to‘shagingni yig‘ib qo‘y! – dedi.

Yeney o‘sha zahoti o‘rnidan turib ketdi. 35Lo‘d shahri va Sharon dalasida yashaganlarning hammasi u kishining holini ko‘rdi-da, Isoni Rabbimiz deb tan olib, imon keltirdilar.

36Yaffada Isoning shogirdi bo‘lgan Tavita ismli bir ayol bor edi. Bu otning tarjimasi “ohu” demakdir. Bu ayol ixlosmandlik bilan xayrli ishlarga berilib, ko‘p sadaqa qilar edi. 37Xuddi o‘sha kunlarda u kasallanib o‘ldi. Uni yuvib, boloxonaga qo‘yishdi. 38Lo‘d shahri Yaffaga yaqin bo‘lgani uchun, Butrusning u yerda ekanini eshitib qolgan shogirdlar uning huzuriga ikki kishini yuborib: “Tezda bizning oldimizga kelgin!” – deb iltimos qilishdi.

39Butrus o‘rnidan qo‘zg‘alib, ular bilan birga ketdi. Uyga yetib kelgach, uni boloxonaga olib kirishdi. Butun bevalar uning yoniga to‘planib, dod-faryod qilar, Ohuning tirikligida tikkan ko‘ylak va jomalarini ko‘rsatishardi. 40Butrus esa hammani tashqariga chiqazgandan keyin, tiz cho‘kib ibodat qildi va jasadga qarab:

– Tavita, o‘rningdan tur! – dedi.

Shunda ayol ko‘zlarini ochdi-da, Butrusni ko‘rib, rostlanib o‘tirdi. 41Butrus qo‘lini uzatib, uni turg‘izib qo‘ydi. So‘ng imonlilar bilan beva ayollarni chaqirib, tirik holdagi ayolni ularga topshirdi.

42Bu hodisa butun Yaffaga ma’lum bo‘ldi va ko‘p odamlar imon keltirib, Isoni Rabbim deb tan oldilar. 43Butrus ancha vaqt Yaffada Simun ismli bir ko‘nchining uyida turdi.

 

10–BOB

 

Rimlik yuzboshi Korniliy ko‘rgan vahiy

 

1Kesariya shahrida Korniliy ismli bir odam bor edi. U “Italyan” degan polkda yuzboshi, 2butun xonadoni bilan Xudodan qo‘rqadigan dindor bir odam edi. Xalqqa ko‘pdan-ko‘p sadaqa berib, doimo Xudoga ibodat qilardi. 3Bir kuni tushdan so‘nggi soat uchlar[36] chamasida Xudoning bir farishtasi uning oldiga kelganini u vahiyda ochiq ko‘rdi. Farishta unga dedi:

– Korniliy!

4– Labbay, Hazrat? – dedi Korniliy unga vahima bilan tikilib.

Farishta dedi:

– Qilgan ibodatu sadaqalaring Xudo huzurida ijobat bo‘ldi. 5Endi Yaffaga odamlar yuborib, Butrus laqabli Simun degan kishini oldingga chaqirtir. 6U uyi dengiz bo‘yida bo‘lgan Simun ismli ko‘nchinikida mehmon bo‘lib turibdi. [Uning senga aytadigan so‘zlaridan o‘zing bilan butun xonadoning najot topasizlar.]

7Unga gapirgan farishta ketgandan so‘ng, Korniliy xizmatkorlaridan ikkisini va uning xususiy vazifadori bo‘lgan dindor bir askarni chaqirdi. 8Ularga hamma narsani tushuntirib, Yaffaga jo‘natdi.

 

Butrus ko‘rgan vahiy

 

9Ertasi kuni tush[37] chamasida, bu odamlar yo‘l yurib shaharga yaqinlasharkanlar, Butrus ibodat qilish uchun tomga chiqdi. 10U och qolganini his etib, ovqat yegisi keldi. Ovqatni tayyorlar ekanlar, u ruhlanib o‘zini yo‘qotdi. 11Osmon ochilib, katta ro‘molga o‘xshash bir idish to‘rt burchagidan osilgan holda pastga tushib kelayotganini ko‘rdi. 12Ro‘molning ichida yerga xos har xil to‘rt oyoqli va sudraluvchi hayvonlar hamda ko‘kda uchuvchi qushlar bor edi. 13Bir ovoz unga xitob qilib:

– Butrus, tur va so‘yib yegin! – dedi. 14Butrus:

– Aslo, yo Rabbim! Men mutlaqo iflos yoki harom narsa yegan emasman, – dedi.

15Yana ovoz ikkinchi marta unga eshitilib:

– Xudo halol deganini sen harom dema! – deb aytdi. 16Bu manzara uch marta takrorlandi. So‘ng idish yana osmonga ko‘tarildi.

17Butrus gangib qolgan edi. Men ko‘rgan vahiyning nima ma’nosi bor ekan, deb o‘ylab turganda, Korniliy tomonidan yuborilgan odamlar Simunning uyini surishtirib darvoza bo‘sag‘asida to‘xtab qolishdi. 18Ular ovozlarini balandlatib:

– Butrus laqabli Simun shu yerdami? – deb so‘rashdi.

19Butrus esa hanuz vahiyni o‘ylab, mulohazaga cho‘mib o‘tirardi. Muqaddas Ruh unga: “Mana, uch kishi seni izlayapti. 20O‘rningdan turgin-da, pastga tush va hech shubha qilmasdan ular bilan birga borgil, chunki ularni Men yubordim”, – dedi.

21Butrus pastga tushib, Korniliy tomonidan yuborilgan odamlarga:

– Sizlar izlayotgan odam men bo‘laman. Nima yumush bilan bu yerga keldingizlar? – dedi. 22Ular Butrusga:

– Korniliy ismli, butun yahudiy xalqi orasida yaxshi nom chiqargan, solih, Xudodan qo‘rqadigan bir yuzboshi bor. Muqaddas farishta unga, seni o‘z uyiga chaqirtirib, aytganlaringga quloq berishini buyuribdi, – deyishdi. 23Shunda Butrus ularni ichkariga chorlab, mehmon qildi.

 

Butrus Korniliyning uyida

 

Ertasi kuni Butrus joyidan qo‘zg‘alib, kelganlar bilan yo‘lga chiqdi. Yaffadagi imonlilardan ba’zi odamlar ham unga hamroh bo‘ldi. 24Ikkinchi kuni Kesariyaga kelishdi. Korniliy esa o‘z qarindoshlari va yaqin do‘stlarini bir joyga to‘plab, ularni kutib turardi. 25Butrus ichkariga kirganda, Korniliy uni qarshilab, oyoqlariga yiqilib sajda qildi. 26Biroq Butrus:

– Tur, men ham bir insonman, – dedi-yu uni oyoqqa turg‘izdi.

27Butrus Korniliy bilan suhbatlashib uyga kirarkan, to‘planib turgan katta jamoani ko‘rdi. 28Ularga aytdi:

– Boshqa qabila kishisi bilan aloqa qilish, inoqlashish yahudiy bir odam uchun joiz emasligini bilasizlar. Lekin Xudo hech bir odamni iflos yoki harom deb hisoblamaslik lozimligini menga ko‘rsatdi. 29Shuning uchun men chaqirilganimda, so‘z qaytarmay keldim. Endi aytinglar-chi, nima uchun meni chaqirdingizlar?

30Korniliy so‘z boshladi:

– Bundan to‘rt kun avval, salkam ayni shu mahalda men uyimda ro‘za tutardim. Soat uchda[38] ibodat qilayotganimda, birdaniga porloq kiyimli bir odam ro‘paramda paydo bo‘ldi. 31“Korniliy! – dedi u. – Xudo ibodatingni eshitdi va sadaqalaringni maqbul topdi. 32Endi Yaffaga odam yubor, dengiz bo‘yidagi ko‘nchi Simunning uyida mehmon bo‘lib turgan Butrus laqabli Simunni chaqirtir. Uning senga aytadigan so‘zlari bor”, – dedi. 33Men ham o‘sha zahoti sening oldingga odamlarni yubordim va xayriyat, kelganing yaxshi bo‘ldi-da. Endi Xudo senga buyurgan so‘zlarining hammasini tinglash uchun biz barchamiz bu yerda Xudoning huzurida hozirmiz.

 

Butrusning nutqi

 

34-35Butrus so‘z boshladi:

“Haqiqatan, Xudoning yuz-xotir qilmasligini, balki Undan qo‘rqqan va to‘g‘rilik ila ish tutgan hammani millatiga qaramay qabul qilishini men endi chinakamiga tushundim. 36Xudo O‘z kalomini Isroil o‘g‘illariga yuborib, Iso Masih nomidan tinchlik mujdasini e’lon qildi. Iso Masih esa hammaning Rabbidir. 37Yahyo payg‘ambar va’z qilib, xalqni suvda tavba qildirib yurgandan keyin, Jaliladan boshlab butun Yahudiya yurti bo‘ylab sodir bo‘lgan voqealarni sizlar bilasizlar. 38Nosira shahridan chiqqan Isoni Xudo yubordi. Xudoning O‘zi Iso bilan birga bo‘lgani uchun, U Muqaddas Ruh va qudratga to‘lgan holda ezgulik qilar, iblisning zolim hukmi ostida qiynalib yurganlarning hammasini sog‘aytirar edi.

39Mana biz yahudiylarning mamlakatida va Quddus shahrida Isoning qilgan barcha ishlariga guvohmiz. Uning O‘zini esa yog‘ochga osib o‘ldirdilar. 40Ammo Xudo uchinchi kuni Uni tiriltirib, ko‘zlarga namoyon qildi. 41Iso tirilgandan keyin butun xalqqa emas, balki Xudo oldindan tanlagan, U bilan yeb-ichgan shohidlarga – bizlargagina zohir bo‘ldi. 42Xudo Isoni tirigu o‘liklarni hukm qiluvchi etib tayinlagan. Bu haqda guvohlik berib, xalqqa va’z aytishimizni Xudoning O‘zi buyurgan. 43Isoga inongan har bir kishining gunohlari Uning nomi bilan kechiriladi, deb qadimiy payg‘ambarlarning hammasi ham shahodat berganlar”.

44Butrus hali gapirib turganda, kalomni eshitayotganlarning barchasi ustiga Muqaddas Ruh tushdi. 45Butrus bilan birga kelganlar Isoga ishongan yahudiylar[39] edi. Muqaddas Ruh g‘ayriyahudiylarga ham nasib bo‘lganini ular ko‘rib, hayratda qoldilar. 46Chunki u kishilarning yangi tillarda so‘zlashib, Xudoni ulug‘layotganlarini eshitib turishardi.

Shunda Butrus so‘z oldi: 47“Xuddi bizlar kabi Muqaddas Ruhni qabul qilgan bu odamlarning suvga cho‘mib imon keltirishiga kim mone bo‘la olar ekan?” – dedi-yu, 48ularni Iso Masih nomi bilan cho‘mdirishni buyurdi. Shundan keyin ular Butrusdan bir necha kun qolishini iltimos qilishdi.

 

11–BOB

 

Quddusda Butrus bergan axbor

 

1G‘ayriyahudiylar ham Xudoning so‘zini qabul qilibdi, degan xabar havoriylarning va Yahudiyadagi imonlilarning qulog‘iga yetib keldi. 2Shu sababdan Butrus Quddus shahriga borganda, sunnatchilar[40] unga ta’na qilib: 3“Sen sunnat qilinmagan odamlarning oldiga kirib, ular bilan birga yeb-ichibsan-ku!” – deyishdi.

4Butrus esa bo‘lib o‘tgan voqealarni bir boshdan ularga naql qilishga tushdi:

5“Men Yaffa shahrida ibodat qilayotgan ekanman, o‘zimni yo‘qotib vahiy ko‘rdim: mana, katta ro‘molga o‘xshash bir idish to‘rt burchagidan osilgan holda osmondan tushib, to oldimgacha kelayotgan ekan. 6Uning ichiga nazar solsam, yer yuzining to‘rt oyoqli, vahshiy va sudraluvchi hayvonlarini hamda ko‘kda uchuvchi qushlarni ko‘rdim. 7O‘shanda:

– Butrus, tur va so‘yib yegin! – degan bir ovozni eshitdim. 8Men esa:

– Aslo, yo Rabbim! Mening og‘zimga mutlaqo iflos yoki harom narsa kirgan emas, – dedim.

9Ovoz ikkinchi marta osmondan eshitilib:

– Xudo halol deganini sen harom dema, – dedi menga. 10Bu manzara uch marta takrorlandi. Keyin hammasi yana osmonga ko‘tarildi.

11Mana, o‘sha zahoti Kesariyadan menga yuborilgan uch odam men turgan uyning ro‘parasida to‘xtab qoldi. 12Muqaddas Ruh esa hech shubhalanmay ular bilan birga borishimni aytdi. Shunday qilib, bu olti birodar ham menga hamroh bo‘lishdi, ular bilan birga o‘sha odamning uyiga kirdik. 13U esa uyida paydo bo‘lgan farishtani qanday ko‘rganini bizlarga aytib berdi. Farishta unga: “Yaffaga odamlar yubor, Butrus laqabli Simunni chaqirtir. 14U senga aytadigan so‘zlaridan o‘zing bilan butun xonadoning najot topasizlar”, – deb aytibdi.

15Men gapira boshlaganimdayoq, dastavval bizning ustimizga tushgan MuqaddasRuh ularning ustiga ham tushib keldi. 16Shunda men Rabbimiz Isoning: “Yahyo payg‘ambar odamlarni suvga cho‘mdirib tavba qildirgan, sizlar esa Muqaddas Ruhga cho‘mdirilasizlar”, – degan so‘zini esga oldim. 17Agar Xudo bizga bergan hadyani Rabbimiz Iso Masihga xuddi bizday inongan mana bularga ham bergan bo‘lsa, unda men kim bo‘ldimki, Xudoga qarshilik qila olsam?”

18Bu so‘zlarni eshitib, ular tinchlandi. “Xudo g‘ayriyahudiylarni ham tavba qildirib, abadiy hayot nasib qilar ekan”, – deb Xudoni olqishlashdi.

 

Antioxiya shahridagi Masih jamoati

 

19Stefanning o‘ldirilishi bilan boshlangan quvg‘in oqibatida tarqalib ketgan imonlilar shu orada Xudoning kalomini yahudiylardan boshqa hech kimga bildirmay, Finikiya, Kipr va Antioxiyagacha yetib borgan edilar. 20Antioxiya shahriga kelgan ba’zi bir kiprlik va kirineyalik kishilar esa Rabbimiz Isoning Xushxabarini u yerdagi yunonlarga ham yetkazdilar. 21Rabbimizning kuchi ular orqali amal qilayotgani uchun ham ko‘pchilik Isoni Rabbim deb imon keltirdi.

22Bu haqda Quddusdagi imonlilar jamoatining qulog‘iga xabar yetib kelgach, Barnaboga Antioxiyaga borishni topshirdilar. 23Barnabo u yerga kelganda, Xudo inoyatining samarasini ko‘rib quvondi. Rabbimiz Isoga chin ko‘ngildan berilinglar, deb hammaga dalda berdi. 24U Muqaddas Ruh va imonga to‘lgan, xushfe’l odam bo‘lgani uchun, xalqning talay qismi Isoni Rabbim deb qabul qildi.

25Keyin Barnabo Shoulni axtarib, Tarsga bordi va uni topib, Antioxiyaga keltirdi. 26Bir yil mobaynida ular imonlilar jamoati bilan to‘planib, talay odamga ta’lim berishdi. Birinchi marta Antioxiya shahrida Iso shogirdlari Masihiy[41] degan nomni oldilar.

27O‘sha kunlarda Antioxiyaga Quddusdan ba’zi payg‘ambarlar keldi. 28Ulardan Agav degani Muqaddas Ruhdan ruhlanib qad rostladi-da, butun dunyoda og‘ir qahatchilik bo‘lishini karomat qildi. (Bu voqea Qaysar Klavdiy[42] davrida sodir bo‘ldi.) 29Shunda shogirdlarning har biri qo‘lidan kelganicha, Yahudiyada yashovchi imondoshlariga yordam yuborishga ahd qilishdi. 30Bu ahdni amalga oshirib, yig‘ilgan nafaqalarni Barnabo va Shoul orqali jamoatning oqsoqollariga yuborishdi.

 

12–BOB

 

Butrusning qamoqdan qutulish mo‘jizasi

 

1O‘sha kunlarda podshoh Hirodimonlilar jamoatidan ba’zilariga ozor berish uchun qo‘l ko‘tardi. 2Yuhannoning akasi Yoqubni qilich bilan chopib o‘ldirdi. 3Bu yahudiylarga yoqqanini ko‘rib, uning ortidan Butrusni ham qo‘lga oldi. Ana shu voqealar yahudiylar xamirturushsiz non yopadigan Fisih bayramida sodir bo‘ldi. 4Hirod Butrusni zindonga qamab, Fisih bayramidan keyin xalq oldiga chiqarish niyati bor edi. Uni qo‘riqlash uchun har biri to‘rt askardan iborat to‘rt dastaga topshirdi.

5Butrus shunday zindonda tutilarkan, imonlilar jamoati uning uchun ixlos bilan Xudoga ibodat qilar edi.

6Hirod uni chiqarmoqchi bo‘lgan kundan avvalgi kechasi Butrus ikki askar o‘rtasida, ikkita zanjir bilan kishanlangan holda uxlayotgan edi. Eshikning yonidagi qorovullar esa zindonni qo‘riqlashar edi. 7Nogahon Xudovandning farishtasi Butrusning yonida paydo bo‘lib, hujrada nur porladi. Farishta Butrusning biqiniga turtib:

– Tezroq o‘rningdan tur! – deb uni uyg‘otdi. Shu ondayoq qo‘llaridagi zanjirlar tushib ketdi.

8Farishta Butrusga:

– Kamaringni bog‘la, choriqlaringni kiy! – dedi. U shunday qildi. Keyin farishta:

– To‘ningni kiy, orqamdan yur! – dedi. 9Butrus chiqib, uning orqasidan ketdi. Faqat farishta qilayotgan ishning o‘ng yoki tush ekanini uqmay, vahiy ko‘rayotganini o‘ylar edi. 10Birinchi va ikkinchi qorovulxonalardan o‘tib, shaharga chiqadigan temir darvozaga kelishdi. Darvoza o‘zidan-o‘zi ularga ochildi. Tashqariga chiqib, bir ko‘chani bosib o‘tishdi. Nogahonda Butrusning yonidagi farishta g‘oyib bo‘ldi.

11Butrus o‘ziga kelgach: “Endi men chindan ko‘rdim, Rabbim farishtasini yuborib, meni Hirod qo‘lidan va yahudiy xalqining butun qasd-adovatidan qutqazdi”, – dedi. 12U bo‘lib o‘tgan voqealarning farqiga yetgan zahoti Mark laqabli Yuhannoning onasi Maryamning uyiga yetib keldi. U yerda bir talay odam to‘planib, ibodat qilayotgan edi. 13Butrus darvozani taqillatgach, Roda ismli bir xizmatkor qiz quloq solgani chiqdi. 14Butrusning ovozini tanib, sevinganidan darvozani ochmay ichkariga yugurib, uning tashrifini bildirdi.

15– Aqling joyidami? – deyishdi ular qizga. Lekin qiz o‘z aytganini tasdiqlayvergach, ular:

– Uning farishtasidir, – deyishdi.

16Shu orada Butrus taqillatishda davom etdi. Ochganlarida uni ko‘rib hayron qolishdi. 17Butrus ularning jim turishi uchun qo‘li bilan imo qilib, Rabbimiz uni qanday zindondan chiqarganini gapirib berdi. So‘ng:

– Bularni Yoqub va boshqa birodarlarga bildiringlar! – deb, u yerdan chiqdi-da, boshqa joyga ketdi.

18Kunduz bo‘lgach, Butrus bilan nima yuz bergani haqida o‘ylab, askarlar qattiq hayajonga tushishdi. 19Hirod esa uni izlab topolmaganidan keyin qorovullarni so‘roq qilib, o‘lim jazosiga mahkum etdi.

 

Podshoh Hirodning halokati

 

Shundan so‘ng Hirod Yahudiyani tark etib, Kesariya shahriga bordi va u yerda bir muddat qoldi. 20U Tir va Sido‘n aholisiga bor zahrini sochar edi. Ular esa o‘zaro kelishib, uning huzuriga tashrif buyurishdi. Podshohning saroy noziri Blastani o‘z tomonlariga ko‘ndirib, sulh so‘rashdi. Chunki ularning viloyati uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat podshohning viloyatidan olinar edi.

21Belgilangan kunda Hirod shohona kiyimlarini kiyib, minbarga o‘tirdi-da, xaloyiqqa va’z aytdi. 22Xaloyiq esa: “Bu odamning ovozi emas, bu Xudoning ovozi!” – deb xitob qilardi. 23O‘sha ondayoq Xudovandning farishtasi Hirodni urdi. U sharafni Xudoga bermagani uchun tanasini qurtlar kemirib, jon berdi.

24Xudoning kalomi esa tobora yoyilar, samara berardi. 25Barnabo bilan Shoul topshiriqni bajolagach, Mark laqabli Yuhannoni o‘zlari bilan birga olib, Quddusdan qaytib kelishdi.

 

13–BOB

 

Shoul (Pavlus) ning birinchi targ‘ibot safari

 

1Antioxiya shahridagi imonlilar jamoatida ba’zi bir payg‘ambarlar va muallimlar, chunonchi Barnabo, “Qoracha” laqabli Simun, kirineyalik Lutsiy, viloyat hokimi Hirod bilan birga tarbiyalangan Manohim va Shoul bor edilar. 2Bular diniy xizmatini o‘tab, ro‘za tutib turgan mahalda, Muqaddas Ruh gapirib: “Barnabo bilan Shoulni Men saylagan ish uchun Menga ajratib beringlar!” – dedi. 3Shu tariqa, ular yana ro‘za tutib va ibodat qilib bo‘lgach, Barnabo bilan Shoulning boshiga qo‘llarini qo‘ygancha duo o‘qib, ularni jo‘natishdi.

 

Kipr orolida

 

4Barnabo bilan Shoul MuqaddasRuh buyurganiga ko‘ra yo‘lga tushib, Selevkiya shahriga keldilar. U yerdan esa Kipr oroliga suzib ketdilar. 5Salamis shahriga kelib, yahudiylarningibodatxonalarida Xudoning kalomini targ‘ib qildilar. Yuhanno ham ularning xizmatida edi.

6Ular butun orolni kezib chiqib, Pafos shahriga yetib keldilar. U yerda sehrgar va soxta payg‘ambar bo‘lgan Baryeshu ismli bir yahudiyga duch keldilar. 7Baryeshu viloyat hokimi Sergiy Pavlusning xodimi edi. Aqlli odam bo‘lgan hokim Barnabo bilan Shoulni chaqirtib, Xudoning kalomini tinglamoqchi bo‘ldi. 8Biroq Baryeshu (boshqa oti bilan Alimo, ya’ni “sehrgar”) ularga qarshilik ko‘rsatib, hokimni imondan toydirishga tirishardi. 9Shunda Muqaddas Ruhga to‘lgan Shoul, ya’ni Pavlus, unga ko‘zlarini tikib dedi:

10– Ey iblis o‘g‘li! Yuraging har xil hiyla va ayyorlikka to‘lgandir, har qanday haqiqat dushmanisan! Xudovandning to‘g‘ri yo‘llarini chalkashtirishni bas qil! 11Va endi Xudovand senga qarshi qo‘l ko‘tardi. Sen ko‘r bo‘lasan va bir qancha vaqt quyoshni ko‘rmaysan.

Shu zahotiyoq bu odamning ko‘zlari qorong‘i-zimistonlikka ko‘mildi. Endi u atrofni paypaslaganicha o‘ziga yetaklovchi izlar edi. 12Hokim bu voqeani ko‘rdi-da, Rabbimiz Iso to‘g‘risidagi ta’limotga qoyil qolib, imon keltirdi.

 

Pisidiyaning Antioxiya shahrida

 

13Pavlus va unga hamroh bo‘lganlar Pafos shahridan suzib ketib, Pamfiliyaning Pergiya shahriga kelishdi. Yuhanno esa ulardan ajralib, Quddusga qaytib bordi. 14Ular Pergiyadan yana yo‘lga chiqib, Pisidiya yurtidagi Antioxiya shahriga borishdi.

Shanba kunida yahudiylarning ibodatxonasiga kirib o‘tirishdi. 15Tavrot va Payg‘ambarlar kitoblaridan qiroat tugagach, ibodatxonaning jamoaboshilari ularga kishi yuborib:

“Erlar, birodarlar, agar xalqqa beradigan nasihat so‘zlaringiz bo‘lsa, marhamat qilib aytinglar”, – deyishdi.

16Pavlus oyoqqa turdi va qo‘li bilan ishora qilib: “Ey Isroil erlari va barcha Xudodan qo‘rqqanlar, tinglangiz! – dedi. 17– Bu xalqning, Isroilning Xudosi ota-bobolarimizni tanladi. Ular Misr yerida, g‘urbatda yashaganda, Xudo ularning martabasini baland qildi. So‘ngra O‘zining muzaffar qo‘li bilan ularni u yerdan olib chiqdi. 18Qariyb qirq yil sahroda ularning kirdikorlariga chidadi. 19Kan’on mamlakatida yetti elatni halokatga yo‘liqtirib, ularning zaminini Isroil xalqiga nasib qildi. 20Bu hol qariyb to‘rt yuz ellik yil davom etdi.

Shundan so‘ng, Shomuil payg‘ambar zamonigacha Xudo ularga qozilarni berdi. 21Buning izidan xalq podshoh talab qildi va Xudo Benyamin nasl-nasabidan Kish o‘g‘li Shoul degan mardni ularga qirq yil podshoh qilib berdi.

22Uni taxtdan tushirgandan keyin esa, ularga Dovudni podshoh qilib berdi. Xudo Dovud haqida shunday shahodat berdi: “Men ko‘nglimdagiday bir odamni – Ishay o‘g‘li Dovudni topdim; butun istaklarimni u bajo keltiradi”.

23Xudo bergan va’dasiga muvofiq, Dovud zurriyotidan Isroilga Najotkorni – Isoni yubordi. 24Isoning kelishidan burun Yahyo payg‘ambar butun Isroil xalqini tavba-tazarru qilishga va suvda imon keltirishga undab yurdi. 25Yahyo o‘z faoliyatini yakunlayotganda: “Sizlar meni kim deb hisoblaysizlar? Men Masih emasman. Lekin mendan keyin Kelayotgan bor, ana men Uning choriq iplarini yechishga ham munosib emasman”, – degan edi.

26Ey erlar, birodarlar, ey Ibrohim naslidan bo‘lganlar va orangizdagi barcha Xudodan qo‘rqqanlar! Bu Najotkor haqidagi xabar endi sizlargacha yetib keldi. 27Quddusda yashovchilar bilan ularning rahnamolari Isoni tan olmadilar. Uni o‘limga mahkum qilib, har shanba kuni tilovat qilinadigan payg‘ambar so‘zlarini o‘zlari bajo keltirdilar. 28Unda o‘limga loyiq hech bir ayb topolmagan holda, Pilatdan Uni o‘ldirishni so‘radilar. 29U haqida yozilgan butun oyatlarni shunday bajo keltirishgandan keyin, Uni yog‘ochdan tushirib qabrga qo‘ydilar. 30Lekin Xudo Isoni tiriltirdi. 31Iso O‘zi bilan birga Jaliladan Quddusga borganlarga ancha kunlar davomida ko‘rinish berib turdi. Endi ular xalq oldida Uning guvohlari bo‘lib qolganlar. 32Bizning sizlarga yetkazayotgan Xushxabar ham shu: Xudo otalarimizga bergan va’dasini 33ularning bolalari bo‘lmish bizlar uchun Isoni tiriltirish orqali amalga oshirdi. Zabur kitobining ikkinchi sanosida yozilganidek:

“Sen Mening O‘g‘limsan,

Seni bugun tavallud ettirdim”.

34Isoni tiriltirish va aslo chirishiga yo‘l qo‘ymaslik haqida esa Xudo Zaburda yana shunday degan:

“Men Dovudga va’da qilgan duolarimni

Sizlarga muqarrar etib bergayman”.

35Shuningdek, boshqa bir oyatda ham:

“O‘z Azizingning chirishni ko‘rishiga yo‘l qo‘ymaysan”[43],

– degan. 36Dovud Xudoning amri bilan o‘z nasliga xizmat qilganidan keyin vafot etdi va ota-bobolari singari ko‘milib, uning tanasi chirib ketdi. 37Biroq Xudo tiriltirgan Isoning tanasi chirishni ko‘rmadi.

38Endi ey birodarlar, mana shu sizlarga ma’lum bo‘lsinki, ushbu Iso nomidan gunohlaringiz kechirilishi e’lon qilinmoqda. 39Sizlar Musoning Qonuniga amal qilib, oqlanishingiz mumkin emas edi. Endi esa Iso Masihga ishongan kishining har qanday gunohidan Xudo o‘tadi. 40Faqat ehtiyot bo‘linglar, yana payg‘ambarlar kitobida aytilgan bu so‘zlar sizlarning boshingizga tushmasin:

41“Ey xor qiluvchilar, qaranglar,

Hayratda qolib halok bo‘linglar!

Siz yashayotgan kunlarda Men bir ish qilamanki,

Uni sizlarga biron kishi aytib berganda edi,

Unga hech inonmas edingizlar””.

42Bundan so‘ng Pavlus bilan Barnabo yahudiylarning ibodatxonasidan chiqib ketishdi. Xaloyiq ulardan bu haqda kelgusi shanba kuni yana so‘zlashni iltimos qildi. 43Jamoat tarqalgandan keyin, yahudiylardan va Xudodan qo‘rqib yahudiy diniga kirganlardan ko‘pginasi Pavlus va Barnaboning orqasidan ergashdilar. Ular bu kishilar bilan suhbat qurib, Xudoning inoyatiga tayanib, imonda mahkam bo‘lishga ishontirishardi.

44Kelgusi shanbada shaharliklarning qariyb hammasi Xudoning kalomini eshitish uchun yig‘ilishdi. 45Lekin shuncha xaloyiqni ko‘rgan yahudiylar hasadga to‘lib, Pavlusning aytayotgan so‘zlarini inkor qilgancha, haqoratga o‘ta boshladilar. 46Shunda Pavlus bilan Barnabo jasorat bilan javob berib dedilar: “Xudoning kalomini birinchi navbatda siz, yahudiylarga targ‘ib qilmoq kerak edi. Ammo sizlar Uni rad qilib, o‘zlaringizni abadiy hayotga noloyiq ko‘rdingizlar. Shundan buyon biz boshqa xalq vakillariga murojaat qilamiz. 47Chunki Xudovand Tavrotda bizga vasiyat qilib degan:

“Seni turli xalqlarga nur berishga qo‘ydim,

Zamin chetlariga qadar najot keltirgin deya””.

48G‘ayriyahudiylar buni eshitgandan so‘ng sevinib, Rabbimizning kalomini ko‘kka ko‘tarishdi, abadiy hayotga tayin bo‘lganlarning hammasi esa imon keltirishdi. 49Shu tariqa Rabbimizning kalomi butun mamlakat bo‘ylab yoyilib borar edi. 50Biroq yahudiylar xudojo‘y va e’tiborli ayollar va shuningdek, shaharning nufuzli odamlarini Pavlus va Barnaboga qarshi qo‘zg‘atib, ularni o‘z yurtlaridan quvib chiqazdilar. 51Shunda Pavlus va Barnabo oyoq changlarini ularga siltab qoqib, Ikoniya shahriga ketishdi.

52Shogirdlar bo‘lsa, sevinch va Muqaddas Ruhga to‘lib-toshib borardilar.

 

14–BOB

 

Ikoniya shahrida

 

1Ikoniya shahrida Pavlus bilan Barnabo odatdagiday yahudiylarningibodatxonasiga kirib, va’z aytdilar. Natijada yahudiy va yunonlardan juda ko‘plari imon keltirdi. 2Lekin inonmagan yahudiylar majusiylarning yuraklarini zaharlab, ularni imonlilarga qarshi qo‘zg‘atdilar. 3Pavlus bilan Barnabo bo‘lsa, ancha vaqt Rabbimiz Iso uchun jasorat bilan faoliyat ko‘rsatardilar. Rabbimiz ham ularning qo‘llari orqali ajoyib va mo‘jizakor ishlar yaratib, O‘zining inoyatli kalomini tasdiqlar edi. 4Shunday qilib, shahar aholisi ikkiga bo‘lindi: ba’zilari yahudiylar va ba’zilari havoriylar tomoniga o‘tdilar.

5Yahudiylar va majusiylar o‘z rahnamolari bilan kelishib, havoriylarga ozor berib, ularni toshbo‘ron qilmoqchi bo‘lishdi. 6Ular esa buni payqab qolib, Likaoniyaning Listra va Derviya shaharlari va atrofdagi viloyatga qochib ketishdi. 7U yerda InjilXushxabarini targ‘ib qilishda davom etishdi.

 

Listra va Derviya shaharlarida

 

8Listra shahrida bir cho‘loq kishi yerda o‘tirar edi. U tug‘ma mayib bo‘lib, umrida aslo yurmagan edi. 9U Pavlusning aytayotgan so‘zlarini tinglarkan, Pavlus unga ko‘z tikib, darddan xalos bo‘lish uchun imoni borligini payqadi. 10Ovozini baland qilib:

– Rabbim Iso Masih nomidan senga aytaman: oyog‘ingda tikka tur! – dedi. O‘sha zahoti u kishi o‘rnidan irg‘ib turdi-da, yura boshladi.

11Xaloyiq Pavlus qilgan ishni ko‘rib, Likaoniya tilida baralla:

– Tangrilar odam qiyofasida oldimizga tushibdi! – deb baqira ketishdi. 12Barnaboni – Zevs[44], Pavlusni esa notiq bo‘lgani uchun Hermes[45] deyishdi. 13Shaharning tashqarisidagi Zevs ma’badining kohini esa shahar darvozalariga ho‘kizlarni va gulchambarlarni olib kelib, xaloyiq bilan birga qurbonlik keltirmoqchi bo‘ldi.

14Havoriylar Barnabo va Pavlus buni eshitgach, kiyimlarini yirtgancha, o‘zlarini xaloyiqning orasiga otib: 15“Erlar! – deb baqirishdi. – Nima uchun bu ishlarni qilyapsizlar? Biz ham sizlarga o‘xshagan insonmiz! Sizlar bu soxta tangrilarga topinishdan qaytib, yer, osmon, dengiz va undagi hamma narsani yaratgan barhayot Xudoga iltijo qilinglar. Mana, biz sizlarga yetkazayotgan Xushxabarimiz shu. 16Garchi Xudo o‘tgan barcha xalqlarga o‘z yo‘llari bilan yurishlariga erk bergan bo‘lsa-da, 17shu bilan birga O‘zini doimo oshkora qilib kelgan. Osmondan yog‘ingarchilik va serhosil mavsumlar berib, rizq-ro‘zingizni ta’minlab, yuraklaringizni baxt-saodatga to‘ldirib, sizlarga ezgulik qilib kelgan”.

18Havoriylar bu so‘zlarni aytib bo‘lib, olomonni zo‘rg‘a tinchitishdi va o‘zlariga qurbonlik qilmaslikka ko‘ndirishdi. [Hamma uy-uylariga ketgandan so‘ng, ular yana shu yerda ta’lim berishni davom ettirishdi.]

19Shu orada havoriylar jasorat bilan va’z aytib turganda, Antioxiya va Ikoniya shaharlaridan yahudiylar kelib, xalqni ulardan bosh tortishga undadilar. “Ular biron haqiqatni aytishgani yo‘q, hamma so‘zlari yolg‘on”, – deb xalqning avzoyini buzib, Pavlusni toshbo‘ron qildilar. Uni o‘lgan hisoblab, shahardan tashqariga sudrab chiqdilar. 20Lekin shogirdlari uning atrofiga to‘planganda, Pavlus o‘rnidan turib, shaharga qaytib kirdi. Ertasi kuni Barnabo bilan Derviya shahriga jo‘nadi.

 

Suriyaning Antioxiya shahriga qaytish

 

21Xushxabarni Derviya shahrida targ‘ib qilib, ko‘p shogird orttirishgandan so‘ng, Listra, Ikoniya va Antioxiya shaharlariga qaytdilar. 22Yo‘l-yo‘lakay Iso shogirdlarining jonlariga jon qo‘shib, imonda sobit bo‘lishlari uchun dalda berardilar. “Xudoning Shohligiga ko‘p qayg‘ulardan o‘tib kirishimiz kerak”, – deb nasihat qilardilar. 23Har bir imonlilar jamoati uchun oqsoqollar tayin etdilar. Ro‘za tutib, imonlilarni duo qilib, Rabbimiz deb qattiq ishonishgan Iso Masihning qaramog‘iga ularni topshirdilar.

24Pisidiya yurtidan o‘tib Pamfiliya viloyatiga keldilar. 25Pergiya shahrida Xudoning so‘zini va’z qilgandan keyin, Attaliyaga tushib bordilar. 26U joydan suzib, endi tamomlagan ishlari uchun Xudoning inoyatiga topshirilgan joy – Antioxiyaga qaytib keldilar. 27U yerga yetgach, imonlilar jamoatini yig‘ib, Xudoning ular bilan nimalar qilganini, majusiylarga imon eshigini qanday ochganini so‘zladilar. 28Bu yerdagi Iso shogirdlari bilan birga ancha vaqt turdilar.

 

15–BOB

 

Quddusdagi buyuk kengash: sunnat masalasi

 

1Yahudiya o‘lkasidan kelgan ba’zi odamlar Antioxiyada turgan imonli birodarlariga: “Agar Musoning odati bo‘yicha sunnat qilmasangizlar, najot topolmaysizlar”, – deya ta’lim berardilar. 2Pavlus va Barnabo ular bilan ancha tortishuv va bahsga kirishdilar. Oxirida Pavlus bilan Barnaboni, shuningdek, oralaridan boshqa ba’zi kishilarni tayin etib, bu masalani havoriylar va oqsoqollar qoshida yechish maqsadida ularni Quddusga yuborishga qaror qilishdi. 3Ular jamoat tomonidan jo‘natilgandan so‘ng, Finikiya va Samariya o‘lkalaridan o‘tayotib, o‘sha yerdagi birodarlariga majusiylarning Xudoga iltijo qilishganini aytib berib, hammaga katta sevinch bag‘ishlardilar.

4Quddusga yetganlarida, imonlilar jamoati, havoriylar va oqsoqollar tomonidan yaxshi qabul qilindilar. O‘zlari bilan Xudoning qilgan butun ishlarini, majusiylarga imon eshigini qanday ochganini ularga bildirdilar. 5Lekin farziylar mazhabidan Isoga ishongan ba’zi birlari qarshi turib: “Ularni sunnat qilish va Musoning Qonuniga rioya ettirish kerak”, – dedilar.

6Havoriylar va oqsoqollar bu masalani muhokama qilish uchun yig‘ildilar. 7Ancha munozaradan keyin Butrus o‘rnidan turib, ularga xitob etdi:

“Erlar, birodarlar! Sizlarga ma’lumki, majusiylar InjilXushxabarini mendan eshitib, imon keltirsinlar deb, Xudo ancha vaqt avval orangizdan meni tanlagan edi. 8Qalblarni bilgan Xudo bizga bergan Muqaddas Ruhni ularga ham ehson etib, shu bilan ularni ma’qul topganini tasdiq etdi. 9Ular bilan bizning oramizni hech qanday farq bilan ajratmasdan, imon keltirishlari orqali ularning ham dillarini tozaladi. 10U holda, sizlar nima uchun Xudoni sinab, na otalarimiz, na bizlar ko‘tarib borolmagan bo‘yinturuqni Iso shogirdlarining bo‘yniga yuklamoqchisizlar? 11O‘zimiz birgina Rabbimiz Isoning inoyati bilan najot topishga ishonganimiz kabi, ular ham xuddi shunga ishonishadi”.

12Shunda butun jamoat jim bo‘lib, Barnabo bilan Pavlusga quloq solib turdi. Ular esa Xudoning o‘zlari orqali majusiylar orasida bajargan barcha ajoyib va mo‘jizakor ishlarini ayta boshladilar.

13Ular so‘zlab bo‘lgandan keyin, Yoqub gap boshladi:

“Erlar, birodarlar, menga quloq solinglar! 14Simun[46], birinchi galda Xudo boshqa millatlardan O‘z ismini tanigan bir xalqni olish uchun osmondan tushganini tushuntirdi. 15Ana, payg‘ambarlarning so‘zlari ham bunga muvofiq kelyapti, Tavrotda yozilishicha:

16“Bundan keyin Men qaytib kelib,

Dovudning yiqilgan dargohini barpo qilurman.

Uning xarobalarini yangidan qurib,

Uni boshdan qayta tiklab qo‘yurman.

17Toki qolgan odamlar,

Ismimni tanigan barcha xalqlar,

Men – Xudovandni izlab topsinlar.

18Bularni qadimdan ma’lum etgan Xudovand buyurib bajarmoqda”.

19Shuning uchun mening fikrimcha, boshqa millatlardan Xudoga imon keltirganlarni qiynab qo‘ymasligimiz lozim. 20Faqat ularga xat yozib, butlarga so‘yilgan harom qurbonlik go‘shti, zino, bo‘g‘ilgan hayvonning go‘shti va qon yeyishdan o‘zlarini saqlasinlar, [o‘zlari uchun istamagan narsani o‘zgaga qilmasinlar], deb buyruq beraylik. 21Zotan, Musoning Qonuni qadimgi ajdodlar zamonidan beri har bir shaharda va’z qilinmoqda, har shanba kuni ibodatxonalarda qiroat qilinib kelmoqda”.

 

Isoga ishongan g‘ayriyahudiylarga xat

 

22Buning izidan butun jamoat bilan havoriylar va oqsoqollar o‘z oralaridan odamlarni saylab, Pavlus va Barnabo bilan Antioxiyaga yuborishni lozim ko‘rdilar. Birodarlar orasida obro‘ orttirgan Barsabo laqabli Yahudoni va Silani sayladilar. 23Ular orqali shu maktubni yozib yubordilar: “Havoriylar, oqsoqollar va barcha birodarlardan, turli xalq vakillaridan iborat bo‘lib, Antioxiya, Suriya, va Kilikiyada yashayotgan birodarlarimizga salom!

24Eshitishimizcha, bizdan chiqqan ba’zi kishilar o‘zlarining gaplari bilan sizlarni dovdiratib, sunnat qilish kerak, Musoning Qonuniga rioya qilish kerak, deb ko‘ngillaringizni tashvishga solishibdi. Biz esa buni buyurmagan edik. 25Shu sababdan o‘z oramizdan saylangan ba’zi bir odamlarni azizlarimiz Barnabo va Pavlus bilan birga sizlarning oldingizga yuborish uchun bir fikrga keldik. 26Bu ikkalasi Rabbimiz Iso Masihning ismi uchun o‘z jonlarini ham ayamagan zotlardir. 27Qarorimiz bo‘yicha huzuringizga hozircha Yahudo bilan Silani yo‘llayapmiz; ular sizlarga bularni og‘zaki ham tushuntiradilar. 28Shunday qilib, Muqaddas Ruhga va bizga ma’qul ko‘ringan quyidagi zarur sanalganlardan boshqa sizlarga hech narsa yuklamaslikka qaror qildik, chunonchi: 29butlarga so‘yilgan qurbonlik go‘shti, qon, bo‘g‘ilgan hayvonning go‘shti hamda zinodan o‘zingizni saqlanglar. [O‘zingiz uchun istamagan narsani o‘zgaga qilmanglar.] Bu harom narsalardan o‘zlaringizni saqlab yursangiz, yaxshi ish qilgan bo‘lasizlar. Salomat bo‘linglar!”

30Shunday qilib, bu odamlar yo‘lga tushib, Antioxiya shahriga kelishdi. U yerdagi jamoatni to‘plab, xatni topshirishdi. 31Ular esa nasihatni o‘qib sevindilar. 32O‘zlari ham payg‘ambar bo‘lgan Yahudo va Sila ma’noli, mo‘l so‘z bilan birodarlariga dalda berib, jonlariga jon qo‘shdilar. 33Bu yerda bir muddat turishganidan keyin, birodarlari ularni eson-omon kuzatib, yuborganlar qoshiga qaytarishdi. 34[Lekin Sila Antioxiyada qolishni afzal ko‘rdi va Yahudo yakka o‘zi Quddusga qaytdi.] 35Pavlus va Barnabo bo‘lsa, Antioxiyada qolishdi. Ular boshqa ko‘p kishilar bilan hamjihat bo‘lib, ta’lim berishni va Rabbimiz Isoning Xushxabarini targ‘ib qilishni davom ettirishdi.

 

Pavlusning ikkinchi targ‘ibot safari

 

36Bir muncha vaqtdan keyin Pavlus Barnaboga: “Endi qaytib borib, Rabbimiz kalomini targ‘ib etgan har bir shahardagi birodarlarimizni yo‘qlaylik, ularning hol-ahvolini bilaylik”, – dedi. 37Barnabo esa Mark degan Yuhannoni ham o‘zi bilan birga olmoqchi edi. 38Lekin Pavlus, Pamfiliyada o‘zlarini tark etib, hamkorlikdan bosh tortgan odamni o‘zi bilan birga olishni o‘rinli deb hisoblamas edi. 39Natijada oralarida shunday xafalik bo‘lib o‘tdiki, ular bir-birlaridan ayrilib qoldilar. Barnabo Markni ergashtirib, Kipr oroliga suzib ketdi. 40Pavlusning o‘zi esa Silani tanladi. Birodarlar uni Xudoning inoyatiga topshirgandan so‘ng, u jo‘nab ketdi. 41U Suriya va Kilikiya o‘lkalaridan o‘tib borgan sari, Masih jamoatlarini imonda mustahkamlar edi.

 

16–BOB

 

Timo‘tiyning safarga qo‘shilishi

 

1Pavlus Derviya va Listra shaharlariga yetib bordi. U yerda Timo‘tiy ismli Iso shogirdi bor edi. Uning onasi imon topgan yahudiy, otasi esa yunon edi. 2Bu kishi Listra va Ikoniyada yashagan imonlilar orasida yaxshi nom chiqargan edi. 3Timo‘tiyni o‘zi bilan birga olib ketishni istab, Pavlus o‘sha atrofdagi yahudiylar sababli uni sunnat qildi. Chunki uning otasi yunon ekanini hamma bilar edi.

4Ular shaharma-shahar kezib borisharkan, Quddusdagihavoriylar va oqsoqollar tomonidan qaror qilingan qonun-qoidalarni imonlilarga topshirib, bularga rioya qilishlarini tayinlashardi. 5Shu yo‘sinda jamoatlarning imoni quvvatlanib, soni kundan-kunga oshib borayotgan edi.

 

Ovrupaga da’vat

 

6Pavlus bilan yo‘ldoshlari Frigiya va Galatiya yurtlaridan o‘tishdi, chunki Muqaddas RuhAsiyada Xudo so‘zini targ‘ib qilishlariga to‘sqinlik qildi. 7Misiya chegaralariga yaqinlashganda, Bitiniyaga bormoqqa intildilar, lekin Isoning Ruhi yana ularga ijozat bermadi. 8Shunday qilib, Misiya yurtidan o‘tib, Troas shahriga tushib keldilar.

9O‘sha kechasi makedoniyalik bir odam Pavlusning tushiga kirdi. U Pavlusning qarshisida turib: “Makedoniyaga kelib, bizga yordam bergin!” – deb yolvorar edi. 10Pavlusning ko‘rgan bu karomatli tushidan keyin bizlar[47] darhol Makedoniyaga borish harakatini qildik. Chunki Rabbimiz bizni u aholiga Xushxabarni yetkazishga chaqiryapti, degan xulosaga kelgan edik.

 

Lidiyaning imon keltirishi

 

11Troas shahridan jo‘nab, to‘g‘ri Samofrakiya va ertasi kuni Neapol shahriga suzib bordik. 12U yerdan chiqib, Makedoniyaning o‘sha qismidagi birinchi Rim koloniyasi bo‘lmish Filippi shahriga keldik va o‘sha yerda bir necha kun turib qoldik.

13Yahudiylarning dam olish kunida biz shahardan tashqariga chiqib, xuddi o‘ylaganimizdek daryo bo‘yida ibodat qilayotgan jamoatga duch keldik. Yig‘ilgan ayollar bilan suhbatlasha boshladik. 14Tinglovchilar orasida Lidiya ismli xudojo‘y bir ayol bor edi. U Tiyatira shaharlik alvon to‘n sotuvchi edi. Pavlusning aytayotganlarini fahmlashi uchun Rabbimiz uning qalbini ochdi. 15Lidiya o‘zining uy ahli bilan birga suvda imon keltirgandan so‘ng, bizni mehmon qilmoqchi bo‘ldi. “Agar sizlar meni Rabbimiz Isoga imon keltirgan deb hisoblasangizlar, uyimga kirib o‘tiringlar”, – deb bizni ko‘ndirdi.

 

Yomon ruhli folbin qiz

 

16Bir kuni ibodatgohga ketayotganimizda, ichida folchilik ruhi bo‘lgan bir cho‘ri bizga duch keldi. U folchilik mahorati bilan xo‘jayinlariga ko‘p daromad keltirardi. 17Pavlusning va hammamizning orqamizdan yurib:

– Bu odamlar Xudoyi Taoloning qullaridir, bizga najot yo‘lini e’lon qilmoqdalar, – deb baqirardi. 18Ancha kun buni takrorladi. Oxiri, Pavlusning joniga tegib, u cho‘riga burildi-da, ichidagi ruhga:

– Iso Masih nomidan senga buyuraman: cho‘ridan chiqib ket! – dedi. Ruh esa o‘sha zahoti cho‘rining tanidan chiqib ketdi.

19Cho‘rining xo‘jayinlari endi daromad umidi yo‘qolganini ko‘rib, Pavlus bilan Silani tutganlaricha markaziy maydonga, shahar mahkamasiga sudrab bordilar. 20Ularni Rim ma’murlarining qoshiga chiqarib:

– Bu odamlar yahudiy bo‘la turib, shahrimizni to‘s-to‘polon qilib yubormoqdalar! 21Biz rimliklarga qabul etish va bajarish mumkin bo‘lmagan odatlarni targ‘ib qilmoqdalar, – deyishdi. 22Olomon Pavlus bilan Silaga yopirila boshlagach, ma’murlar ularning ust-boshini yirtib olib, kaltaklashga buyurdilar.

 

Pavlus bilan Sila qamoqda

 

23Ularni juda ko‘p kaltaklashgandan keyin zindonga tashlab, qattiq qo‘riqlashni zindonbonga buyurdilar. 24U ham olgan amriga ko‘ra, ularni zindonning ichki bo‘lmasiga qamab, oyoqlarini kundalab qo‘ydi.

25Tun yarimlab qolganda, Pavlus va Sila ibodat qilib, Xudoni kuylashar edi; mahbuslar esa ularni tinglab turishardi. 26To‘satdan shiddatli zilzila yuz berdi-da, qamoqxonaning poydevorini silkitib tashladi. O‘sha zahoti barcha eshiklar ochilib, hammaning kishanlari bo‘shab qoldi. 27Zindonbon esa uyg‘ongan zahoti zindon eshiklarining ochilib qolganini ko‘rdi. U qilichini qinidan sug‘urib, o‘zini o‘ldirmoqchi bo‘ldi, chunki mahbuslar qochib ketishgan, deb o‘ylardi. 28Lekin Pavlus baland ovozda baqirib:

– Zinhor o‘z joningga qasd qilma, biz hammamiz shu yerdamiz! – dedi.

29Zindonbon chiroq so‘rab, zindonga yugurib kirdi va titrab Pavlus bilan Silaning poyiga o‘zini tashladi. 30Ularni tashqariga chiqarib:

– Janoblar, najot topish uchun nima qilishim kerak? – deb so‘radi. 31Ular:

– Rabbimiz Iso Masihga ishongin, sen o‘zing va butun xonadoning najot topasizlar, – deyishdi. 32Keyin unga va butun uy ahliga Xudoning kalomini so‘zlab berishdi.

33Zindonbon kechaning o‘sha soatida Pavlus bilan Silani bir chetga olib, yaralarini yuvdi. Darhol o‘zi bilan butun xonadoni suvga cho‘mib imon keltirdi. 34Ularni o‘z uyiga keltirib, dasturxonga taklif qildi. Xudoga imon topdim deb, butun xonadoni bilan birga juda xurram bo‘layotgan edi.

35Kunduz bo‘lgach, rimlik ma’murlar:

– U odamlarni qo‘yib yuboringlar, – deb vazifadorlarini yo‘llashdi. 36Zindonbon Pavlusga xabar yetkazib:

– Ma’murlar sizlarni ozodlikka chiqarish uchun odam yuborishibdi, endi chiqib eson-omon keta qolinglar, – dedi. 37Pavlus ularga shunday javob berdi:

– Rim fuqarosi bo‘lgan bizni sud qilmay xalqning ko‘z o‘ngida urib, zindonga tashladilar. Endi esa bizni yashirincha qo‘yib yubormoqchilarmi? Yo‘q, o‘zlari kelib bizni chiqazsinlar!

38Vazifadorlar bu so‘zlarni ma’murlarga aytib berdilar. Pavlus bilan Silaning Rim fuqarosi[48] bo‘lganlarini ma’murlar eshitgach, yuraklari seskanib ketdi. 39Kelib ulardan kechirim so‘radilar. So‘ng ularni kuzatib, shahardan ketishlarini iltimos qildilar. 40Pavlus bilan Sila esa zindondan chiqiboq, Lidiyaning uyiga borishdi. Birodarlari bilan ko‘rishib, ularga nasihat bergandan keyin, jo‘nab ketishdi.

 

17–BOB

 

Salonika shahrida quvg‘in

 

1Amfipol va Apolloniya shaharlaridan o‘tib, Salonika shahriga kelishdi. U yerda yahudiylarningibodatxonasi bor edi. 2Pavlus o‘zining odatiday yahudiylarning oldiga kirib, surunkasiga uch shanba kuni ular bilan muqaddas yozuvlar[49] borasida munozara qildi. 3“Sizlarga men e’lon qilayotgan bu Iso – Masihdir”, – deb aytar, Masihning azob bilan o‘lib tirilishi kerakligini ishontirarli isbotlar bilan bayon etar edi. 4Yahudiylardan ba’zilari, shuningdek, Xudodan qo‘rqqan ko‘pgina yunonlar bilan e’zozli ayollardan iborat katta bir to‘da qanoat hosil qilib, Pavlus bilan Silaga qo‘shildilar.

5Lekin inonmagan yahudiylar hasadga to‘lib, maydondan yaramas odamlarni to‘plab, xaloyiq orasiga g‘ulu solishdi-da, butun shaharni to‘s-to‘polonga aylantirib yuborishdi. Yasonning uyiga hujum qilib, Pavlus bilan Silani xalqning oldiga olib chiqishni talab qilishdi. 6Ularni topolmay, Yason va ba’zi imonlilarni shahar ma’murlari huzuriga sudrab kelishdi-da, qichqirishib: “Dunyoni ostin-ustin qilayotgan bu odamlar mana bu yerga ham kelishibdi! 7Mana, Yason ularni uyiga qabul qilibdi. Bularning hammasi: Iso degan boshqa bir podshoh bor, deb Qaysarning buyruqlariga qarshi harakat qilmoqdalar”, – deyishdi. 8Bu so‘zlar olomonni va shahar ma’murlarini juda ham hayajonga soldi. 9Nihoyat, Yason va boshqalardan kafolat olib, ularni qo‘yib yuborishdi.

 

Veriya shahrida yaxshi qabul

 

10Darhol, o‘sha kechasiyoq imonlilar Pavlus bilan Silani Veriya shahriga jo‘natishdi. Ular u yerga yetgach, yahudiylarning ibodatxonasiga borishdi. 11Bu yerdagi yahudiylar Salonika aholisidan ko‘ra farosatliroq edilar. Xudo so‘zini juda ishtiyoq bilan qabul qilib, bu ta’limot haqiqatmikin, deb kundan-kunga muqaddas yozuvlarni sinchiklab o‘qir edilar. 12Shunday qilib, ulardan ko‘plari, shu jumladan muhtaram yunon ayolu erkaklarining ko‘pchiligi ham imon keltirishdi.

13Pavlus Veriya shahrida ham Xudoning kalomini va’z qilyapti, deb eshitgan Salonikadagi yahudiylar u yerga ham kelib, xaloyiqni gijgijlab, alg‘ov-dalg‘ov qildilar. 14Shunda imonlilar Pavlusni zudlik bilan dengizga kuzatib qo‘ydilar. Sila va Timo‘tiy esa o‘sha yerda qoldilar. 15Pavlusning kuzatuvchilari uni Afina shahrigacha uzatib qo‘ydilar. Pavlusdan: “Sila bilan Timo‘tiy oldimga tezroq kelishsin”, degan topshiriqni olgandan so‘ng, ular yo‘lga tushdi.

 

Afinada faylasuflar munozarasi

 

16Pavlus Afinada Sila bilan Timo‘tiyni kutib turarkan, bu shaharning butlar bilan to‘lganini ko‘rib, ko‘ngli juda g‘ashlandi. 17Shu tariqa, u goh yahudiy ibodatxonasida yahudiylar va Xudodan qo‘rqqan boshqa kishilar bilan so‘zlashar, goh bozor maydonida uchrashib turganlar bilan har kuni munozara qilar edi. 18Ayniqsa, epikurchi va stoik[50] faylasuflar u bilan bahslashardilar. Pavlus Iso va tirilish to‘g‘risidagi Xushxabarni bayon etdi. Biri: “Bu mahmadona nima demoqchi ekan?” – desa, boshqalari: “U begona tangrilarning va’zxoni, shekilli”, – deb aytishardi.

19Pavlusni Ares-tepaga[51] olib borishdi va unga: “Sen targ‘ib qilayotgan bu yangi ta’limotning nimaligini bilishimiz mumkinmi? 20Quloqlarimizga g‘alati so‘zlar eshitilyapti-da, biz ularning nimaligini bilmoqchimiz”, – deyishdi.

21Barcha afinaliklar va bu shaharda yashovchi begonalar hamma vaqtlarini yangiliklarni so‘zlash yoki tinglash bilangina o‘tkazishardi.

22Shunday qilib, Pavlus Ares-tepaning o‘rtasida turib, va’z aytdi:

“Ey afinaliklar! Men sizlarni har jihatdan juda dindor ko‘ryapman. 23Chunonchi, kezib-kezib, aziz joylaringizni ko‘zdan kechirib, “NOMA’LUM XUDOGA BAG‘ISHLANGAN” deb yozilgan bir qurbongohga ham duch keldim. Xuddi shu sizlar bilmay sig‘inayotgan Xudoni men sizlarga ma’lum qilmoqchiman.

24Borliqni yaratgan Parvardigori olam yeru osmon Egasi bo‘lib, inson qo‘li bilan yaratilgan ma’badlarda yashamaydi. 25U biron narsaga muhtoj emaski, Unga inson qo‘llari bilan xizmat qilib bo‘lsa. U O‘zi hammaga hayot, nafas va borliqni bergan. 26Xudo barcha odamzodni bir odamdan yaratib, yer yuziga tarqalib yashashiga yo‘l qo‘ygan. Insoniyatning belgili davrlarini, turli istiqomat joylarini Xudo tayin etgan. 27U har birimizga juda yaqin bo‘lib, paypaslab-paypaslab bo‘lsa-da, Meni qidirib topinglar, deb buyurmoqda. 28Zotan, biz U orqali yashaymiz, harakat qilamiz, bormiz. O‘z shoirlaringizdan ba’zilari aytganidek: “Biz ham Uning urug‘idirmiz”.

29Endi biz Xudoning urug‘idan bo‘lganimiz sababli, go‘yo Xudoyi Taoloni inson aqli bilan ijod qilingan yoki inson hunari bilan ishlangan oltin, kumush yoki tosh buyumlar bilan tenglashtirmasligimiz kerak. 30Xudo o‘tgan bu qorong‘i davrlarga ko‘z yumgan bo‘lsa-da, endi hamma yerda, hamma insonlarning tavba qilishlarini buyurmoqda. 31O‘zi qo‘ygan Zot orqali U dunyoni adolat bilan hukm etadigan bir kun tayin etdi. O‘sha Zotni o‘lganidan keyin tiriltirib, barcha insonlarga ishonch bag‘ishladi”.

32O‘liklarning tirilishini eshitib, ba’zilar masxara qilib kuldilar. Boshqalar esa: “Bu haqda seni bo‘lak payt eshitamiz”, – dedilar. 33Shunday qilib, Pavlus ularning o‘rtasidan chiqib ketdi. 34Ba’zi odamlar esa unga ergashib imon keltirdilar, shu jumladan Ares-tepa kengashining a’zosi – Dionisiy, Damar ismli bir ayol va boshqalar bor edi.

 

18–BOB

 

Korinf shahrida qattiq qarshilik

 

1Bu hodisalardan keyin Pavlus Afinani tark etib, Korinf shahriga keldi. 2Bu shaharda asli pontlik bo‘lgan Akil ismli bir yahudiyni topdi. Qaysar Klavdiy[52] butun yahudiylarga Rimdan chiqib ketishlari haqida farmon chiqargani tufayli, Akil bilan xotini Priskilla yaqinda Italiyadan kelishgan edi. Pavlus ularning oldiga bordi. 3Hamkasb bo‘lganlari uchun ularning yonida qolib ishladi. Ularning hunari esa chodir tikuvchilik edi. 4Pavlus har shanba kuni yahudiylar ibodatxonasida bahslashib, yahudiy bilan yunonlarni ishontirishga harakat qilardi.

5Sila bilan Timo‘tiy Makedoniyadan kelganlaridan keyin, Pavlus o‘zini butunlay va’zxonlikka bag‘ishlab, Isoning Masihligini yahudiylarga ta’kidlab bayon etardi. 6Lekin ular qarshi borib, uni haqorat qilgach, Pavlus kiyimidagi changni qoqib: “Sizlar to‘kkan qon o‘z bo‘yningizga! Men tozaman. Bu kundan e’tiboran men majusiylarning oldiga boraman”, – dedi.

7Pavlus u yerdan ketib, Xudoga sig‘inuvchi Yustus ismli bir odamning uyiga keldi. Uning uyi esa yahudiylar ibodatxonasiga devor-darmiyon edi. 8Shunday qilib, ibodatxonaning jamoaboshisi bo‘lgan Krisp butun xonadoni bilan Isoni Rabbim deb imon keltirdi. Buni eshitgan korinfliklardan ko‘plari ham ishonib, suvda imon keltirdilar.

9Bir kechasi Pavlusning tushida Iso ko‘rinish berib: “Qo‘rqma, lekin tinmay gapiravergin, – dedi. 10– Men sen bilan birgaman, hech kim senga qo‘l tegizib yomonlik qilmaydi; chunki bu shaharda ko‘p odamlarim bor”. 11Pavlus shundan so‘ng bir yilu olti oy bu yerda yashab, Xudo kalomidan ta’lim berdi.

12Gallion Axaya viloyati hokimi bo‘lgan davrda, yahudiylarning hammasi bir bo‘lib, Pavlusga qarshi bosh ko‘tarishdi. Uni mahkamaga sudrab kelib: 13“Bu odam Qonunimizga zid o‘laroq Xudoga sig‘inishni xalqqa o‘rgatmoqda”, – deb aytishdi.

14Pavlus og‘zini ochay deganda, Gallion yahudiylarga xitob etib: “Hoy yahudiylar! Agar biron haqsizlik yoki og‘ir jinoyat masalasi bo‘lsa edi, u vaqtda arzingizni eshitish uchun menda bir asos bo‘lar edi. 15Holbuki, bahs ta’limot, ismlar va Qonuningiz haqida borayotgan bo‘lsa, unda o‘zlaringiz hal etinglar. Men bu ishlarning qozisi bo‘lishni istamayman”, 16– dedi-yu, ularni mahkamadan haydab yubordi. 17Shunda butun yunonlar jamoaboshi Sostenni tutib, mahkama oldida urdilar. Gallion esa bunga parvo qilmadi.

 

Pavlusning Antioxiyaga qaytishi

 

18Pavlus yana ancha kun Korinf shahrida turgandan keyin, birodarlari bilan xayrlashib, Akil va Priskilla bilan birga Suriyaga borayotgan kemaga tushdi. U nazr-ahd qilgani uchun, Kenxreya shahrida sochlarini qirqtirgan edi.

19Efes shahriga yetib borganda, Pavlus Akil bilan Priskillani u yerda qoldirdi. O‘zi esa yahudiylar ibodatxonasiga kirib, bahs ochdi. 20Yahudiylar yanada ko‘proq vaqt ularnikida qolishini Pavlusdan iltimos qilgan bo‘lishsa-da, u ko‘nmadi. 21Ular bilan xayrlashib: “Yaqinlashib kelayotgan bayramni men albatta Quddusda qutlashim kerak. Ammo Xudo xohlasa, oldingizga yana qaytib kelaman”, – dedi-yu, Efesdan suzib ketdi. [Akil bilan Priskillani esa Efesda qoldirdi.]

22Kema Kesariya portiga yetib kelib to‘xtadi. Pavlus Quddusga borib, imonlilar jamoati bilan ko‘rishdi. So‘ngra Antioxiya shahriga tushdi. 23U yerda bir muddat turib, tag‘in yo‘lga chiqdi. Tartib bo‘yicha Galatiya va Frigiya yurtlarini kezib chiqib, barcha Iso shogirdlarining ko‘nglini ko‘tardi.

 

Apollosning oydinlanishi

 

24Shu orada asli iskandariyalik bo‘lgan Apollos ismli bir kishi Efes shahriga keldi. U gapga chechan, Tavrotni yaxshi bilgan bir yahudiy edi. 25Bu odam Rabbimiz Iso yo‘lida tarbiya olgan bo‘lib, bu haqda to‘g‘ri va otashin ruh bilan ta’lim berar edi. Lekin u faqatgina Yahyo payg‘ambarning suvda tavba qildirish usulini bilar edi[53]. 26Yahudiylar ibodatxonasida jasorat bilan va’z aytadigan bo‘ldi. Apollosni tinglagan Akil bilan Priskilla uni kutib olib, Rabbimiz Iso yo‘lini aniq qilib tushuntirib berdilar.

27Apollos Axaya yurtiga bormoq niyatini izhor etganda, birodarlari u yerdagi Iso shogirdlariga xat yozib, uni yaxshi qabul qilishlarini o‘tindilar. Apollos Axayaga borib, Xudoning inoyati bilan imon topganlarga samarali yordam berdi. 28Tavrot asosida Isoning Masih ekanini isbot etib, hammaning ko‘z o‘ngida yahudiylarning iddaosi noto‘g‘riligini uzil-kesil fosh qilar edi.

 

19–BOB

 

Pavlus Efes shahrida

 

1Apollos Korinf shahrida bo‘lganda, Pavlus tog‘li viloyatlarni kezib o‘tib, Efes shahriga keldi. U yerda bir necha Iso shogirdini topib, ulardan so‘radi:

2– Sizlar imon keltirganingizda Muqaddas Ruhni qabul qildingizlarmi?

– MuqaddasRuh borligini biz hech qachon eshitmaganmiz, – deb javob berdi ular.

3– Bunday bo‘lsa, sizlar qay asosda suvga cho‘mib imon keltirgansizlar? – deb so‘radi Pavlus.

– Biz Yahyo payg‘ambarning ta’limoti asosida suvga cho‘mib imon keltirganmiz, – deb javob berdilar. 4Pavlus dedi:

– Yahyo payg‘ambar xalqni daryoga cho‘mdirib, tavba qildirgan edi, xolos. U xalqqa: Mendan keyin keladigan Zotga, ya’ni Iso Masihga inoninglar, deb aytgan edi.

5Ular buni eshitgach, Rabbimiz Iso nomidan ham suvga cho‘mib imon keltirdilar. 6Pavlus qo‘llarini ularning boshiga qo‘yishi bilan Muqaddas Ruh ularning ustiga tushib keldi. Ular yangi tillarda gapirib, karomat qila boshladilar. 7Ular jami bo‘lib, o‘n ikki kishiga yaqin edilar.

8Pavlus uch oy davomida bemalol yahudiylaribodatxonasida bahslashib, Xudoning Shohligi to‘g‘risida ishontirarli dalillar keltirardi. 9Nihoyat, ba’zilar bo‘yin qotib, imonni rad qilib, xalq oldida Rabbimiz Iso yo‘lini yomonlaydigan bo‘lishdi. Pavlus ulardan yuz o‘girib, shogirdlarini ulardan ajratdi va har kuni Tiran degan bir kishining maktabida suhbatlashardi. 10Shu tariqa ikki yil davomida xoh yahudiy, xoh yunoniy bo‘lsin, Asiya viloyatida yashaganlarning hammasi Rabbimiz Isoning kalomini eshitdilar.

 

Azayimxonlar va yoqilgan sehr kitoblari

 

11Xudo Pavlusning qo‘llari bilan ko‘p qudratli ishlarni qilar edi. 12Hatto uning badaniga tekkan ro‘mollar va kamarlar ham bemorlarning ustiga qo‘yilganda, ular kasaldan xalos bo‘lar, ichlaridagi yovuz ruhlar esa chiqib ketardi.

13Yahudiylar orasida sayyoh yuruvchi ba’zi azayimxonlar ham bor edi. Bular yovuz ruhlarga chalingan odamlar tepasida Rabbimiz Isoning ismini zikr qilishga unnay ketar, “Pavlus e’lon etayotgan Iso nomi bilan sizlarga buyuramiz”, – deb aytishardi. 14Bunday qilganlar orasida oliy ruhoniy Skeva ismli bir yahudiyning yetti o‘g‘li bor edi.

15Yovuz ruh ularga javoban: “Isoni taniyman, Pavlusni bilaman, sizlar esa kim bo‘lasizlar?” – dedi. 16Shunday deyishi bilanoq yovuz ruhli odam ularning ustiga tashlanib, shunday zo‘r chiqdiki, azayimxonlar qip-yalang‘och va yarador holda u uydan qochib qutulishdi.

17Bu voqea Efesda yashagan yahudiy bilan yunonlarning hammasiga ma’lum bo‘ldi. Hammani dahshat qoplab, Rabbimiz Isoning ismi ulug‘landi. 18Imon keltirganlardan ko‘plari esa kelib, qilmishlarini ochiq e’tirof etishardi. 19Shuningdek, sehrgarlik qilganlardan ko‘pchiligi o‘z kitoblarini to‘plab, hammaning ko‘z o‘ngida yondirdilar. Kitoblarning qimmatini hisoblaganda, ellik ming kumush tangaga teng keldi. 20Ana shu yo‘sinda Rabbimiz kalomi qudrat bilan yoyilar, ta’siri tobora ortib borar edi.

21Bu voqealar bo‘lib o‘tgandan so‘ng, Pavlus o‘z ko‘nglida Makedoniya va Axayadan o‘tib, Quddusga borishga jazm etdi. “U yerda bo‘lganimdan keyin Rimni ham ko‘rishim kerak”, – deb niyat qildi. 22Pavlus o‘ziga xizmat qilib yurganlardan ikki kishini: Timo‘tiy va Yerastni Makedoniyaga yubordi, o‘zi vaqtincha Asiya viloyatida qoldi.

 

Efes shahrida qo‘zg‘olon

 

23O‘sha kezlarda Rabbimiz Iso yo‘liga qarshi deyarli kuchli g‘alayon yuz berdi. 24Dimitriy ismli bir zargar kumushdan Artemis[54]ma’badlarini yasab, san’atkorlarga ko‘p foyda keltirardi. 25Dimitriy san’atkoru hunarmandlarni yig‘ib: “Birodarlar! – dedi, – Sizlarga ma’lumki, bizning farovonligimiz bu hunar orqalidir. 26Efesdagina emas, balki qariyb butun Asiya viloyatida bu Pavlus: inson qo‘li bilan yasalayotgan bu buyumlar xudo emas, deganini o‘zlaringiz ko‘rib, eshitib turibsizlar. Shu gap bilan u ko‘p odamlarni avrab yo‘ldan ozdirdi. 27Shunday qilib, hunarimiz e’tiborsiz bo‘lib qolish xavfigina emas, balki butun Asiya va butun dunyo sig‘inadigan buyuk ma’buda Artemisning ma’badi ham arzimaydigan narsaga aylanib, ma’buda ulug‘vorligidan mahrum bo‘lib qolish xavfiga ro‘baro‘ keldik”.

28Xaloyiq buni eshitgach, qattiq g‘azablanib: “Efesning Artemisi buyukdir!” – deb baqira ketdi. 29Butun shahar sarosimaga to‘lib ketdi. Hamma birdan Pavlusning yo‘ldoshlari – makedoniyalik Gay va Aristarxni ushlagancha, shitob bilan teatr tomon yopirilishdi. 30Pavlus xalqning orasiga kirmoqchi bo‘lganda, shogirdlar unga yo‘l qo‘yishmadi. 31Asiya viloyati ma’murlaridan ba’zilari ham uning do‘stlari bo‘lganlari sababli unga xabar yuborib, teatrda ko‘rinmasin, deb iltimos qilishdi. 32Bu orada odamlardan biri u desa, boshqasi bu deb qichqirishardi. Yig‘in tartibsiz edi, ko‘plari esa nima uchun yig‘ilganlarini bilishmas edi.

33Yahudiylarning taklifiga ko‘ra, xaloyiq ichidan Iskandar degan bir kishini vakil qilib ilgari surdilar. Iskandar qo‘li imosi bilan xaloyiq oldida o‘zini himoya qilmoqchi bo‘ldi. 34Lekin xaloyiq uning yahudiy ekanini bilgach, hamma bir og‘izdan qariyb ikki soat: “Efesning Artemisi buyukdir!” – deb baqirib turishdi.

35Oqibat shahar kotibi olomonni tinchitib: “Ey Efes xalqi! – dedi. – Efes shahri buyuk ma’buda Artemisning va osmondan tushgan toshning[55] homiysi ekanini qaysi odam bilmaydi? 36Modomiki, bu ishda da’vo yo‘qdir, unda sizlar xotirjam bo‘lishingiz va o‘ylamasdan harakat qilmasligingiz kerak. 37Ana, ma’badni talamagan ham, ma’budangizni haqorat ham qilmagan kishilarni sizlar bu yerga boshlab kelibsiz. 38Agar Dimitriy va u bilan birga bo‘lgan san’atkorlar biron kishidan shikoyat qilmoqchi bo‘lishsa, unda mahkamalar bor, qozilar bor, qo‘ying, bir-biridan shikoyat qilaverishsin. 39Bordiyu boshqa biron narsani talab qilmoqchi bo‘lsangizlar, bu masala qonuniy majlisda hal qilinadi. 40Bugun bo‘lib o‘tgan ishlar tufayli g‘alayon qo‘zg‘ashda ayblanish xavfida turibmiz-ku! Bunday to‘polon uchun o‘zni oqlagudek hech qanday vajimiz ham yo‘q”.

Shu so‘zlarni aytib bo‘lib, kotib yig‘inni tarqatib yubordi.

 

20–BOB

 

Pavlus Makedoniya va Yunonistonda

 

1To‘polon tugagandan keyin Pavlus Iso shogirdlarini chaqirib, nasihat qildi va ular bilan xayrlashib, Makedoniyaga jo‘nab ketdi. 2U kezib o‘tgan yurtlardagi imonlilarga ko‘p o‘git-nasihat berib, Yunonistonga keldi. 3Uch oy u yerda turdi. Suriyaga suzib ketay, degan paytda yahudiylar unga qarshi suiqasd uyushtirmoqchi bo‘lishdi. Shuning uchun yana Makedoniya orqali qaytishga qaror qildi.

4Veriyadan Pir o‘g‘li Sosipatr, Salonikadan Aristarx va Sekund, Derviyadan Gay va Timo‘tiy, asiyaliklardan esa Tixik va Trofim uni Asiyagacha kuzatib bordilar. 5Ular avval jo‘nab, bizlarni Troasda kutib turardilar. 6Bizlar esa Xamirturushsiz Non bayramidan[56] keyin Filippi shahridan suzib, besh kun deganda ularning oldiga – Troas shahriga yetib keldik. U yerda yetti kun turdik.

 

Troasda joni qaytgan yigit

 

7Yakshanba kuni non sindirish[57] uchun bir yerda to‘plangan edik. Pavlus ertasi kuni jo‘namoqchi bo‘lib, imonlilarga nasihat berib, so‘zni yarim kechagacha davom ettirdi. 8Bizlar yig‘ilgan boloxonada juda ko‘p shamchiroq yongan edi. 9Yevtix ismli bir yigit deraza raxida o‘tirardi. Pavlusning nutqi uzoq cho‘zilib, yigitni qattiq uyqu bosdi. U uyqusida qimirlab, uchinchi qavatdan pastga tushib ketdi. Yerdan uning o‘ligini ko‘tarishdi.

10Pavlus pastga tushib, yigitning ustiga o‘zini tashladi va uni quchoqlab: “Xavotir bo‘lmanglar, uning joni o‘zidadir!” – dedi. 11So‘ng yana yuqoriga chiqib, non sindirib ovqatlandi. Tong otguncha ancha suhbat qilib, yo‘lga chiqdi. 12Shu orada o‘smirni tirik olib kelishdi va behad xursand bo‘lishdi.

13Bizlar oldin kemaga tushib, Pavlusni u yerdan olib ketish uchun Assa shahriga suzib bordik; chunki o‘zi piyoda bormoqchi bo‘lib, bizlarga shunday topshiriq bergan edi. 14Bizlar Assada uchrashgach, uning bilan Mitilina shahriga bordik. 15U yerdan suzib ketib, ertasi kun Xios oroli qarshisiga keldik. Uchinchi kun esa Samos oroliga o‘tib, Trogiliya shahrida to‘xtagandan keyin, yana bir kun o‘tib, Milit shahriga yetib bordik. 16Pavlus Asiyada kechikib qolmaslik maqsadida Efes shahriga kirmay o‘tib ketishga qaror qilgan edi. Agar iloji bo‘lsa, Hosil bayramini[58]Quddusda qutlayin, deb shoshilayotgan edi.

 

Efes oqsoqollari bilan xayrlashish

 

17Militdan Pavlus Efesga odam yuborib, mahalliy imonlilar jamoatiningoqsoqollarini o‘z qoshiga chaqirtirdi. 18Ular uning huzuriga kelganda, dedi:

“Men Asiya viloyatiga oyoq bosgan ilk kundan beri, yoningizda yashagan shuncha vaqt davomida qanday harakat qilganimni o‘zlaringiz bilasizlar. 19Yahudiylarning yovuz niyatlari tufayli boshimdan o‘tgan og‘ir sinovlar ichida kamtarlik va ko‘zimning yoshi bilan Rabbimga xizmat qilib yurdim. 20Foydali bo‘lgan hech bir narsadan sizlarni mahrum qilmayin, deb ko‘chama-ko‘cha, uyma-uy yurib ta’lim berish fursatini bekor o‘tkazmadim. 21Tavba qilib, Xudoga iltijo etinglar va Rabbimiz Iso Masihga imon keltiringlar, deb yahudiylar bilan yunonlarga jiddiy nasihat qilib turdim.

22Mana endi Muqaddas Ruhning bandi bo‘lib, Quddusga boryapman. U yerda men bilan nima yuz berishini bilmayman. 23Faqat shuni bilamanki, shaharma-shahar yurgan sari zanjiru kishanlar, qayg‘u-alamlar meni kutadi. Buni MuqaddasRuh menga ayon qilmoqda. 24Lekin bunga qaramay, o‘z jonimni ham ayamayman – qani endi faoliyatimni tamomlab, Xudoning inoyatidan dalolat beruvchi Xushxabarga guvohlik bermoq uchun Rabbim Isodan olgan topshiriqni quvonch ila bajo keltira olsam.

25Endi yana shuni bilamanki, garchi orangizda Xudo Shohligini e’lon qilib yurgan bo‘lsam-da, hech biringiz mening yuzimni ortiq ko‘ra olmaysizlar. 26Shuning uchun bu kunning o‘zida sizga ta’kidlab aytamanki, men birovning halokatiga javobgar emasman[59]. 27Chunki Xudoning murod-maqsadini sizlarga tamoman bayon etish uchun biron fursatni boy bermadim. 28O‘zingizni va Muqaddas Ruh sizlarni nazoratchi qilib tayinlagan barcha jamoatni ko‘z-quloq bo‘lib ehtiyotlanglar. Sizlar cho‘ponlik qilayotgan ushbu suruvni Rabbimiz Iso O‘z qoni evaziga sotib olgan. 29Men ketganimdan keyin, suruvni ayamaydigan yirtqich bo‘rilar orangizga suqilib kirishlarini bilaman. 30Hatto o‘z oralaringizdan chiqqan odamlar ham teskari so‘zlari bilan Iso shogirdlarini yo‘ldan ozdirib, orqalaridan ergashtiradilar. 31Shuning uchun hushyor bo‘lib turinglar. Men sizga qay tariqa uch yil kechayu kunduz, ko‘zlarimning yoshi bilan har biringizga hormay-tolmay pandu nasihat berib yurganimni xotirlanglar.

32Endi birodarlarim, sizlarni Xudoning panohiga va Uning inoyatli kalomiga topshiraman. Bu kalom sizlarni mustahkamlashga va Xudoning butun azizlari bilan sizlarga ham nasib etgan meros ulushiga sazovor qilishga qodirdir. 33Men hech kimning simu zariga yoxud kiyimiga ko‘z tikkanim yo‘q. 34O‘zimning, shuningdek, yo‘ldoshlarimning ehtiyojlarini qondirishda shu qo‘llarim xizmat etganini o‘zlaringiz yaxshi bilasizlar. 35Shunday mehnat qilib, ojizlarga yordam berishda men sizlarga namuna bo‘lib qoldim. Shu bilan birga, “Olishdan ko‘ra berishning baxtiyorligi katta”, – degan Rabbimiz Isoning so‘zlarini ham eslab turinglar”.

36Bu so‘zlarni aytib bo‘lib, Pavlus tiz cho‘kdi-da, hamma bilan birga ibodat qildi. 37So‘ng hammalari zor yig‘lab, Pavlusning bo‘yniga tashlanib, uni o‘pishardi. 38Pavlusning: “Ortiq yuzimni ko‘rolmaysizlar”, – degan so‘zi esa ularni ayniqsa g‘amgin qilgan edi. Nihoyat, uni kemagacha kuzatib borishdi.

 

21–BOB

 

Quddus yo‘lida

 

1Ulardan ayrilib, kemada suzib to‘g‘ri Kos oroliga keldik. Ertasi kuni Rodos oroliga tushib, u yerdan esa Patara shahriga suzib bordik. 2U joydan Finikiyaga ketadigan bir kemani topib, suzib ketdik. 3Kipr ko‘ringanda, orolning janubiy yonidan o‘tib, Suriyaga qarab yo‘l oldik. Tir shahrida kemadan yuk tushiradigan bo‘lishgani uchun, u yerda quruqlikka chiqdik.

4Iso shogirdlarini axtarib topib, ularning yonida yetti kun qoldik. Ular Muqaddas Ruh ilhomi bilan Pavlusga: Quddusga borma, deyishardi. 5Bir necha kun o‘tgandan keyin yo‘lga chiqdik. Barcha imonlilar xotin va bola-chaqalari bilan birga bizni shaharning tashqarisigacha kuzatib borishdi. Sohilda tiz cho‘kib, ibodat qildik. 6Biz bir-birimiz bilan xayrlashib bo‘lib, kemaga tushdik, ular esa uylariga qaytib ketishdi.

7Tir shahridan suzib ketdik va Ptolemay shahriga yetib borib, dengizdagi sayohatimizni tugatdik. U yerdagi imonli birodarlarimizni qutlab, ular bilan bir kun birga bo‘ldik.

8Ertasi kuni Pavlusga ergashayotgan bizlar yo‘lga tushib, Kesariyaga keldik. Yetti vazifadorning[60] biri bo‘lgan Injil voizi Filipning uyiga kirib, unikida qoldik. 9Uning bashorat qiladigan to‘rt nafar bokira qizi bor edi.

10U yerda bir qancha kun turganimizdan keyin, Yahudiyadan Agav ismli bir payg‘ambar tushib keldi. 11U oldimizga kirishi bilanoq Pavlusning kamarini oldi-da, o‘zining qo‘l-oyoqlarini bog‘lab dedi: “MuqaddasRuh bunday demoqda: Quddusdagi yahudiylar bu kamarning egasini shunaqasiga bog‘lab, majusiylarning qo‘liga topshiradilar”.

12Bu gaplarni eshitgach, biz va u yerdagilar ham Quddusga bormasligi uchun Pavlusga yolvordik. 13Lekin Pavlus javob berib: “Nima qilyapsizlar? Nega yig‘lab, dilimga ozor beryapsizlar? Men Quddusga borib asir bo‘lishgina emas, Rabbim Iso uchun hatto o‘lishga ham tayyorman”.

14Pavlusni ko‘ndira olmaganimizni ko‘rib: “Rabbimiz aytganday bo‘lsin!” – deb jim qoldik.

 

Pavlus Quddus shahrida

 

15Ana shu kunlardan keyin anjomlarimizni yig‘ishtirib, Quddusga bordik. 16Kesariyadan ba’zi bir Iso shogirdlari bizga yo‘ldosh bo‘lishdi. Ular bizlarni yashab turish uchun Isoning eski shogirdlaridan bo‘lgan kiprlik Minasonning uyiga boshlab kelishdi. 17Quddusga kelganimizda, imonli birodarlarimiz bizni ochiq chehra bilan qabul qilishdi.

18Ertasi kuni Pavlus bilan birga Yoqubni ko‘rgani bordik. Butun oqsoqollarjamoati ham hozir bo‘ldi. 19Ulardan hol-ahvol so‘ragandan keyin, Pavlus o‘z xizmati tufayli Xudoning majusiylar orasida qilgan ishlarini birma-bir tushuntira boshladi.

20Bularni eshitishgach, Xudoga hamdu sano aytib, Pavlusga: “Ey birodarimiz, – deyishdi. – Yahudiylar orasida imon keltirgan necha ming odam borligini ko‘ryapsan. Ularning hammasi MusoningQonuni uchun fidoyidirlar. 21Faqat ular eshitgan gap-so‘zlariga ko‘ra, sen majusiylar orasida yashayotgan yahudiylarga: o‘g‘illaringizni sunnat qilmang, urf-odatga amal qilmanglar, Musoning Qonunidan chiqinglar, deb ta’lim berib yurayotgan emishsan. 22Shunday qilib, nima qildik? Sening kelganingni eshitib, xaloyiq albatta to‘polon qiladi. 23Shuning uchun, senga nima desak, bunday qil: bizda nazr[61] atagan to‘rt kishi bor. 24Ularni yoningga olib, birga tahorat qil, sochlarini oldirishlari uchun qurbonlik xarajatini o‘z zimmangga ol. Unda sening to‘g‘ringda eshitganlari nohaq ekanini, aksincha, Musoning Qonuniga rioya qilib yurganingni hamma bilib oladi. 25Majusiylardan imon keltirganlarga kelsak, biz kerak bo‘lmagan qonun-qoidalarga rioya qilmaslik haqida ularga xat yozib yo‘llaganmiz. Qabul qilgan qarorimiz bo‘yicha, ularga faqatgina butlarga so‘yilgan qurbonlik go‘shti, qon, bo‘g‘ilgan hayvonning go‘shti va zinodan o‘zlarini saqlashni tayinlaganmiz”.

26Ertasi kuni Pavlus o‘sha odamlarni yoniga olib, ular bilan birga tahorat qildi. So‘ng ma’badga kirib, poklanish kunlari qachon tugashini, har biri uchun qachon qurbonlik keltirilishini ma’lum qildi.

 

Pavlusga qarshi hujum

 

27Yetti kunlik muddat tugayotganda, asiyalik yahudiylar Pavlusni ma’badda ko‘rib qolishdi. Ular butun xalqni alg‘ov-dalg‘ov qilib, Pavlusni ushlab olishdi-da: 28“Ey Isroil erlari, yordam beringlar! – deb baqira ketishdi. – Mana hamma yoqda, hamma insonlar orasida xalqimizga, Tavrot va muqaddas joyga qarshi ta’lim berib yurgan odam shuning o‘zi! Buning ustiga yunonlarni ham ma’badga olib kirib, muqaddas joyni harom qildi-ku!”

29Buni aytishlariga sabab, bundan ilgari efeslik Trofimni shaharda Pavlus bilan birga ko‘rishgan bo‘lib, uni ma’badga[62] olib kirgan, deb o‘ylashardi.

30Butun shahar harakatga kelib, xalq jo‘shib ketdi. Pavlusni tutib, ma’baddan tashqariga sudrab borishdi. O‘sha zahotiyoq eshiklar bekitildi. 31Ular Pavlusni o‘ldirishmoqchi edi. Shu payt butun Quddus qo‘zg‘olon ko‘taribdi, degan xabar Rim qo‘shini mingboshisining qulog‘iga yetib bordi. 32U darhol askarlarni va yuzboshilarni olib, ularning ustiga hujum boshladi. Olomon mingboshi bilan askarlarni ko‘rgach, Pavlusni urishdan to‘xtadi. 33Mingboshi darrov yaqinlashdi-da, Pavlusni tutib, ikkita zanjir bilan kishanlab qo‘yishni buyurdi.

– Bu kim va nima qilibdi? – deb so‘radi.

34Olomon orasida biri bu deb qichqirsa, boshqasi u deb baqirardi. Olag‘ovur bo‘lganidan mingboshi haqiqatni bilolmay, Pavlusni qal’aga olib borishni buyurdi. 35Pavlus zinapoyaga yetganda, olomonning zo‘r siquvi tufayli askarlar uni ko‘tarib borishdi. 36Chunki xaloyiqning ko‘pchiligi uning orqasidan ergashib borib: “Unga o‘lim!” – deb baqirardi.

37Qal’aga kirayotganda, Pavlus mingboshiga:

– Senga bir narsa aytishim mumkinmi? – dedi. Mingboshi:

– Sen yunon tilini bilasanmi? 38Bir necha kun ilgari g‘alayon ko‘tarib, to‘rt ming xunrezni[63] sahroga olib chiqqan misrlik sen emasmi? – dedi. 39Pavlus bunga javoban:

– Men Kilikiyaning unchalik ahamiyatsiz bo‘lmagan Tars shahrida tug‘ilgan bir yahudiyman. Sendan iltimos qilaman, xalqqa gapirish uchun menga ijozat bergin, – dedi.

40Mingboshi ijozat bergandan keyin, Pavlus zinapoyada turib, qo‘li bilan xalqqa ishora qildi. Chuqur sukunat cho‘kkanda, yahudiy tilida so‘zlay boshladi.

 

22–BOB

 

Pavlusning himoya nutqi

 

1“Ey erlar, ey birodarlar va otalar! Endi huzuringizda meni oqlovchi so‘zlarimni tinglanglar!” – dedi.

2Pavlusning ularga yahudiy tilida gapirayotganini eshitgach, ular yanada jim bo‘ldilar. Pavlus so‘zida davom etdi:

3“Men yahudiyman. Kilikiyaning Tars shahrida tug‘ilgan bo‘lsam-da, ushbu shaharda Gamalielning[64] qaramog‘ida tarbiyalanganman. Bugun bu yerda yig‘ilgan hammalaringiz kabi men ham ota-bobolar Qonuni yo‘rig‘ida jiddiy tarbiyalanib, Xudo uchun fidoyi bo‘lib kelganman. 4Hatto bu Iso yo‘lining izbosarlarini – erkakmi, ayolmi demasdan hammasini bog‘lab zindonlarga topshirar, o‘lasi qilib quvardim. 5Ana, oliy ruhoniy bilan oqsoqollarning hammasi mening guvohlarimdir. Men ulardan Damashqdagi yahudiy birodarlarga yozilgan maktublar olib, u yerda yashagan Iso imonlilarini jazolash uchun Quddusga kishanlab keltirmoq niyatida yo‘lga tushgan edim.

6Tush arafasida men yo‘l bosib, Damashqqa yaqinlashayotganimda, to‘satdan osmondan tushgan kuchli bir nur atrofimni porlatib yubordi. 7Men yerga yiqildim-u, bir ovozning menga:

– Shoul, Shoul, nega Meni quvg‘in qilyapsan? – deganini eshitdim. 8Men:

– Yo Rabbiy, Sen kim bo‘lasan? – deb so‘rasam, U:

– Men sen quvg‘in qilayotgan nosiralik Isoman, – deb javob berdi. 9Yo‘ldoshlarim nurni ko‘rib qo‘rqishgan bo‘lsa-da, lekin menga Gapirganning ovozini eshitmadilar.

10Shunda men:

– Yo Rabbiy, nima qilishim kerak? – dedim. Iso menga:

– O‘rningdan turib Damashqqa bor, qilishing lozim bo‘lgan hamma narsa o‘sha yerda senga aytiladi, – dedi. 11U nurning yaltirashidan ko‘r bo‘lganim uchun, hamrohlarim qo‘limdan tutgancha, Damashqqa yetaklab borishdi.

12Damashqda yashagan butun yahudiylar orasida yaxshi nom chiqargan, Xudoning Qonuniga amal qilib yurgan Hananiya ismli dindor bir odam bor edi. 13U yonimga kelib turdi-da, menga:

– Birodarim Shoul, ko‘zlaring ochilsin! – dedi. Men esa o‘sha zahoti uni ko‘rdim. 14Hananiya menga:

– Otalarimizning Xudosi Uning irodasini bilishing va Solih Kishini[65] ko‘rib, O‘zining ovozini eshitishing uchun seni tanladi. 15Chunki ko‘rgan va eshitganlaring uchun barcha insonlar oldida Uning guvohi bo‘lasan. 16Endi nimani kutib o‘tiribsan? O‘rningdan tur, suvda imon keltir va Isoning ismini chaqirib, gunohlaringdan forig‘ bo‘l! – dedi.

17Men Quddusga qaytib kelgandan so‘ng, ma’badda ibodat qilayotganimda o‘zimni yo‘qotib, 18Rabbim Isoni ko‘rdim. U menga:

– Qani, tezroq Quddusdan chiqib ket, chunki bu yerda Men uchun bergan guvohligingni qabul etmaydilar! – dedi. 19Men:

– Yo Rabbiy! – dedim. – Senga inonganlarni zindonga tashlab ibodatxonalarda urgan odam men ekanimni ular bilishadi-ku. 20Sening shahiding Stefanning qonini to‘kkanlarida men ham u yerda hozir edim. Hatto uning o‘ldirilishiga rozi bo‘lib, qotillarining kiyimlarini saqlab turardim, – dedim.

21Rabbim Iso esa:

– Sen keta qol! Chunki Men seni olisdagi elu xalqlarning oldiga yuboraman, – dedi”.

 

Rim fuqarosi Pavlus

 

22Bu vaqtgacha Pavlusni tinglab turganlar boyagi so‘zini eshitishlari bilanoq shovqin ko‘tarishdi. “Bunday odamni yer yuzidan yo‘q qil! U yashashga munosib emas!” – deb baqira ketishdi. 23Ular shunday qichqirishib, ustlaridan kiyimlarini qoqib, havoga tuproq sochib turisharkan, 24mingboshi Pavlusga qarshi bunday baqirayotganlarining sababini bilmoqchi bo‘lib, uni qal’aga olib borib qamchilashni buyurdi. 25Uni tasma bilan bog‘lashayotgan vaqtda, Pavlus yonida turgan yuzboshiga:

– Rim fuqarosini hukm qilmay qamchilash, sizningcha, qonunga mos keladimi? – deb so‘radi.

26Yuzboshi buni eshitgach, borib mingboshiga xabar berdi:

– Qarang, siz nima qilmoqchisiz o‘zi? Bu odam Rim fuqarosi ekan-ku, – dedi. 27Shunda mingboshi Pavlusning yoniga kelib:

– Menga aytgin-chi, sen Rim fuqarosimisan? – deb so‘radi.

– Ha, – dedi Pavlus. 28Mingboshi:

– Men bu fuqarolikka ko‘p pul bilan ega bo‘lganman, – dedi. Pavlus:

– Men hatto bu fuqarolikda tug‘ilganman, – deb javob berdi.

29Shunda Pavlusni so‘roq qilmoqchi bo‘lganlar darhol undan qo‘l tortishdi. Mingboshi ham uning Rim fuqarosi ekanini bilgach, uni bog‘lab qo‘ygani uchun qo‘rqib ketdi.

30Ertasi kuni mingboshi yahudiylar Pavlusni nimada ayblashlarini aniq bilish maqsadida, uni kishanlardan bo‘shatdi. Yahudiy oliy ruhoniylari va barcha Oliy Kengash a’zolariga yig‘ilishlarini buyurdi. Pavlusni keltirib, ularning qarshisiga qo‘ydi.

 

23–BOB

 

Pavlus yahudiylarning Oliy Kengashi oldida

 

1Pavlus Oliy Kengash a’zolariga tikilib qarab:

– Ey birodarlar! Men bu kunga qadar Xudo oldida pok vijdon bilan yashab kelaman, – dedi.

2Buni aytishi bilanoq, oliy ruhoniy Hananiya Pavlusning yonida turganlarga uning og‘ziga urishlarini buyurdi. 3Pavlus unga:

– Ey oqlangan devor, Xudo seni uradi! Sen qonun asosida hukm chiqarish uchun o‘tiribsan, ammo qonunga zid o‘laroq meni urishga amr beryapsan! – dedi.

4Oldinda turganlar:

– Xudoning oliy ruhoniysini haqorat qilyapsanmi? – dedilar. 5Pavlus dedi:

– Birodarlar! Uning oliy ruhoniy ekanini bilmas edim; chunki Tavrotda: “Xalqing orasida boshliq bo‘lganni yomonlama”, – deb yozilgan.

6Ularning bir qismi sadduqiy va boshqa qismi farziy mazhablaridan bo‘lganini Pavlus bilgach, Kengashga baland ovoz bilan xitob qilib:

– Birodarlar! Men farziyman, ham farziyning o‘g‘liman. Men o‘liklarning tirilishiga qattiq e’tiqod qilganim uchun meni tergayaptilar, – dedi.

7U buni aytgan mahalda farziylar bilan sadduqiylar orasida janjal chiqib, majlis ikkiga bo‘linib ketdi. 8Chunki sadduqiylar qiyomatni ham, farishtani ham, ruhni ham yo‘q, deydilar. Farziylar esa bularning hammasini tan oladilar. 9Shunday qilib, katta shovqin bo‘ldi. Farziylar mazhabining ulamolaridan ba’zilari so‘zga chiqib, qat’iy e’tiroz bildirishdi:

– Bizlar bu odamda hech bir yomonlik topmayapmiz. Agar biron ruh yoki farishta unga aytgan bo‘lsa nima bo‘pti, biz Xudoga qarshilik ko‘rsatmaylik! – deyishdi.

10Janjal tobora zo‘rayib borgach, Pavlusni tilka-pora qilmasinlar, deb qo‘rqqan mingboshi pastga tushib, oralaridan uni chiqazib qal’aga olib kirishni askarlarga buyurdi.

11Keyingi kechada Rabbimiz Iso Pavlusga zohir bo‘lib: “Dadil bo‘l! Quddusda Menga qanday guvohlik bergan bo‘lsang, Rimda ham shunday guvohlik berishing kerak”, – dedi.

 

Pavlusning joniga qasd

 

12Kun yorishgach, ba’zi yahudiylar qasdlanib, Pavlusni o‘ldirmaguncha yeb-ichmaslikka qasam ichdilar. 13Bunday ahdlashganlarning soni qirq kishidan ziyod edi. 14Ular oliy ruhoniylar bilan oqsoqollarning huzuriga kelib: “Pavlusni o‘ldirmagunimizcha hech narsa yemaslikka og‘ir qasam ichdik, – dedilar. 15– Endi sizlar Oliy Kengash a’zolari bilan birga mingboshining huzuriga boringlar va go‘yo Pavlus masalasini yana aniqroq tekshirmoqchimiz, deb uni ertaga oldingizga chiqarishini iltimos qilinglar. Bizlar esa u yetib kelmasidan avvalroq uni o‘ldirishga hozirlik ko‘rib turamiz”.

16Pavlus singlisining o‘g‘li, ya’ni jiyani ana shu qasd haqida eshitib qolib, qal’aga kirdi-da, unga buni ma’lum qildi. 17Pavlus yuzboshilardan birini chaqirib:

– Bu yigitni mingboshining huzuriga olib borgin, unga aytadigan bir gapi bor, – dedi.

18U yigitni oldi va mingboshining qoshiga keltirib:

– Mahbus Pavlus meni yoniga chaqirib, bu yigitni sizning oldingizga boshlab kelishimni iltimos qildi, sizga aytadigan bir gapi bor ekan, – dedi. 19Mingboshi yigitning qo‘lidan ushlab, uni bir chetga tortdi-da:

– Menga aytadigan nima gaping bor? – deb so‘radi. 20Yigit javob berdi:

– Yahudiylar go‘yo Pavlusning ishini yana aniqroq tekshirish uchun uni ertaga Kengash oldiga chiqarishni sizdan iltimos qilishga kelishibdilar. 21Lekin siz ularga quloq solmang. Chunki ularning qirqdan ortig‘i Pavlusni poylab turishibdi; uni o‘ldirmaguncha yeb-ichmaslik haqida qasam ichishibdi. Mana hozir sizning farmoyishingizni kutib, tayyor bo‘lib turishibdi, – dedi. 22Mingboshi:

– Menga bu gaplarni bildirganingni hech kimga aytma! – deb yigitni qo‘yib yubordi.

 

Pavlusni Kesariyaga yo‘llash

 

23Mingboshi yuzboshilardan ikkitasini chaqirib:

– Kun botgandan uch soat keyin Kesariya shahriga borish uchun ikki yuz piyoda askar, yetmish otliq va ikki yuz o‘qchi askar hozirlanglar. 24Pavlusni mindirib, viloyat hokimi Feliksning qoshiga sog‘-salomat yetkazib borish uchun ot-ulov ham beringlar, – deb buyurdi.

25Mingboshi quyidagi mazmunda bir maktub ham yozdi:

26“Klavdiy Lisiydan muhtaram hokim Feliksga – salom!

27Ushbu odamni yahudiylar tutib o‘ldirmoqchi edilar. Uning Rim fuqarosi ekanini bilib, men askarlar bilan birga yetib kelib, uning boshini qutqardim. 28Keyin nimada aybdor etayotganlarini bilmoqchi bo‘lib, uni yahudiylarning kengashiga olib bordim. 29Natijada o‘zlarining shariatiga doir masalalar bo‘yicha uni gunohkor qilayotganlarini bildim-u, lekin unda o‘limga yoki kishanga loyiq hech qanday ayb topmadim. 30Yahudiylarning bu odamga qarshi uyushtirayotgan suiqasdidan xabardor bo‘lgach, men darhol uni sizning huzuringizga yubordim. Uning ayblovchilariga ham unga qarshi bo‘lgan da’volarini sizning qoshingizda gapirishlarini buyurdim.

Salomat bo‘ling”.

31Shunday qilib, askarlar olgan farmoniga ko‘ra Pavlusni kechasi Antipatrisga boshlab borishdi. 32Ertasiga u bilan birga borish uchun otliqlarni qoldirib, o‘zlari esa qal’aga qaytib ketishdi. 33Otliqlar Kesariyaga yetgach, maktubni viloyat hokimiga berishdi va Pavlusni ham unga topshirishdi. 34Hokim maktubni o‘qigach, Pavlusdan qaysi viloyatdan ekanini so‘radi. Kilikiyadan bo‘lganini bilgach, unga: 35“Ayblovchilaring kelganidan keyin sening ishingni so‘roqlayman”, – dedi-yu, Hirod saroyida qamoqda saqlansin deb amr berdi.

 

24–BOB

 

Pavlus hokim Feliks oldida

 

1Oradan besh kun o‘tgandan keyin, oliy ruhoniy Hananiya va ba’zi oqsoqollar Tertull ismli bir huquqshunos bilan Kesariya shahriga kelishib, Pavlusni qoralaydigan arzlarini hokimga bayon etishdi. 2Pavlus chaqirilgach, Tertull ayblashni boshladi:

3“Ey muhtaram Feliks, xalqimizning obodonchiligiga g‘amxo‘rlik qilar ekansiz, o‘z soyangizda osoyishtalikka erishganimizni har doim va har yerda behad minnatdorchilik ila tan olamiz. 4Sizni ko‘p ovora qilmaslik uchun, o‘zingizga xos bo‘lgan mehribonlik ila bizning muxtasar so‘zimizni eshitishingizni iltimos qilaman. 5Biz bu odamni jamiyatning marazi deb bilamiz. Mana u nasroniylar[66] bid’atining namoyandasi bo‘lib, dunyoning barcha yahudiylarini oyoqlantirmoqda. 6U ma’badimizni ham harom etishga qo‘l ko‘targan vaqtdayoq, biz uni tutib, o‘z qonunimizga ko‘ra sud qilmoqchi bo‘ldik. 7Lekin mingboshi Lisiy kelib, uni zo‘rlik bilan qo‘limizdan tortib olib, sizning qoshingizga yubordi. 8Uni ayblovchi bizning ham sizning huzuringizga kelishimizni buyurdi. Bu kishini so‘roq qilsangiz, biz uni nimalarda ayblashimizni uning o‘zidan bilib olishingiz mumkin”.

9Hozir bo‘lgan barcha yahudiylar ham aytilganlarning to‘g‘riligini bildirib, Pavlusga qo‘yilgan aybni tasdiqlardilar. 10Hokim Pavlusga gapirishi uchun ishora etgach, u so‘z boshladi:

“Siz ko‘p yillardan beri bu xalqqa haqqoniy qozi bo‘lganingizni bilganim uchun, men o‘z ishimni bemalol himoya qilaman. 11O‘zingiz bilib olishingiz mumkin: mening sig‘inish uchun Quddusga kelganimga o‘n ikki kundan oshgani yo‘q. 12Na ma’badda, na ibodatxonalarda va na Quddus shahrida biron kishi bilan bahs qilganim yoki xalq orasiga g‘ulg‘ula solganimni ular ko‘rishmadi. 13Hozir ham meni ayblashlarida biron bir asos borligini isbot qilisholmaydi. 14Huzuringizda shuni e’tirof etamanki, ular bid’at deb atagan Yo‘lning izbosari o‘laroq, ota-bobolarim sig‘ingan Xudoyi Taoloning haqiqiy bandasiman. Tavrot va Payg‘ambarlar kitobida yozilganlarning hammasiga inonaman. 15Ayblovchilarimning o‘zlari ham tan olganidek, men solih bilan fosiqlarni tiriltiradigan Xudoga qattiq e’tiqod qilaman. 16Shuning uchun ham Xudo bilan insonlar oldida doim vijdonimni sof saqlashga tirishaman.

17Oradan ko‘p yillar o‘tgandan keyin, xalqim sharafiga xayr-sadaqa va qurbonliklar bag‘ishlash uchun Quddusga qaytib bordim. 18Bu vaqtda meni ma’badda tahorat qilayotgan holatda topdilar; holbuki, u yerda olomon ham, shovqin ham yo‘q edi. 19Faqat asiyalik ba’zi bir yahudiylar bor edi. Aslida o‘sha odamlar bu yerga kelib, biron shikoyatlari bo‘lsa, huzuringizda meni ayblashlari kerak edi. 20Yoki bu yerdagilarning o‘zlari aytishsin, yahudiylarning Oliy Kengashi oldida turganimda menda qanday haqsizlik topishgan ekan? 21Men ularning orasida turib, baland ovozda: “O‘liklarning tirilishiga ishonganim uchun bugun oldingizda hukm qilinyapman”, – deb aytdim. Ehtimol, shu so‘zim uchun aybdor sanalsam kerak?”

22Shunda Feliks: “Mingboshi Lisiy kelganidan keyin ishlaringni sinchiklab tekshiraman”, – deb muhokamani keyinga qoldirdi. Feliks o‘zi Isoning yo‘li borasida ancha xabardor edi. 23Pavlusni yuzboshiga topshirib: “Qamab qo‘yilsin, lekin yengillik berilsin, unga xizmat qilmoqchi bo‘lgan do‘stlariga hech qarshilik qilinmasin”, deb buyurdi.

24Bir necha kundan keyin Feliks yahudiy xotini Drusilla bilan keldi. Pavlusni chaqirtirib, Iso Masihga ishonish to‘g‘risida uni tingladi. 25Pavlus haqiqat, nafsni tiyish va qiyomat-qoyim haqida gapirganda, Feliksning yuragi cho‘chib ketdi. “Endi borgin, vaqt topganimda seni yana chaqiraman”, – dedi. 26Ayni zamonda, Pavlus ozod bo‘lishi uchun menga pora beradi degan umidda uni tez-tez suhbatga chaqiradigan bo‘ldi.

27Ikki yildan so‘ng Feliksning o‘rniga Porsiy Fest keldi. Feliks yahudiylarning ko‘nglini olmoqchi bo‘lib, Pavlusni qamoqda qoldirdi.

 

25–BOB

 

Pavlus hokim Fest oldida

 

1Fest viloyatga kelganiga uch kun o‘tgandan keyin, Kesariyadan Quddusga bordi. 2Shunda oliy ruhoniylar bilan yahudiylarning asilzodalari hokimning oldiga kelib, Pavlusdan shikoyat qildilar. 3Muruvvat ko‘rsatib, Pavlusni Quddusga chaqirtirishini o‘tinib so‘radilar; holbuki, yo‘l-yo‘lakay uni o‘ldirishni qasd qilgan edilar. 4Fest esa Pavlus Kesariyada qamoqda turganini va o‘zi ham yaqinda u yerga qaytib borajagini ularga bildirdi. 5“Shunday qilib, sizlardan kimning iloji bo‘lsa, men bilan birga borishsin va agar bu odamda biron yomonlik bo‘lsa, uni aybdor qilishsin”, – dedi u.

6Fest ularning yonida sakkiz yoki o‘n kundan ziyod turmay, Kesariyaga qaytib bordi. Ertasi kuni hukm kursisiga o‘tirib, Pavlusni olib kelishni buyurdi. 7Pavlus o‘rtaga chiqqach, Quddusdan kelgan yahudiylar uni o‘rab olganlaricha, o‘zlari isbot qilolmaydigan ko‘p og‘ir ayblarni unga qo‘ydilar. 8Pavlus esa o‘zining himoya so‘zida:

– Men na yahudiylarning Qonuniga, na ma’badga va na Qaysarga qarshi biron bir jinoyat qilganim yo‘q, – dedi.

9Fest yahudiylarning ko‘nglini topmoqchi bo‘lib, Pavlusdan:

– Quddusga borib, u yerda mening oldimda bu xususlarda sud bo‘lishni istaysanmi? – deb so‘radi. 10Pavlus dedi:

– Men Qaysarning hukm kursisi oldida turibman, men bu yerda hukm etilishim shart. Men yahudiylarga hech bir haqsizlik qilmaganimni o‘zingiz ham yaxshi bilasiz. 11Agar men o‘limga loyiq biror jinoyatda aybdor bo‘lganimda, unda o‘limdan bosh tortmasdim. Agarda bu kishilar menga qo‘yayotgan ayblar asossiz bo‘lsa, unda meni hech kim ularning qo‘liga topshirolmaydi. Men Qaysarning hukmini talab qilaman.

12Fest maslahatchilari bilan kengashgandan so‘ng, Pavlusga javob berib:

– Sen Qaysarning hukmini talab qilding, Qaysarning oldiga borasan, – dedi.

 

Hokimlar suhbati

 

13Bir necha kundan keyin, podshoh Agrippa bilan Vernika[67] Festni tabriklash uchun Kesariyaga keldilar. 14Ular u yerda ancha vaqt turgandan keyin, Fest Pavlusning ishini podshohga taqdim qildi:

– Bu yerda Feliks qamoqda qoldirib ketgan bir odam bor. 15Men Quddusda bo‘lganimda, yahudiylarning oliy ruhoniylari va oqsoqollari shikoyat bilan oldimga kelib, uni mahkum etishni talab qilishdi. 16Men ularga javob berib, ayblanuvchi odam ayblovchilari bilan yuzlashtirilmasdan va unga qo‘yilgan ayblardan o‘zini himoya qilish imkoniyatini bermasdan, o‘limga mahkum qilish rimliklarning odati emas, dedim. 17Shuning uchun ular bu yerga kelishganda, sira vaqt yo‘qotmay ertasi kuniyoq men hukm kursisiga o‘tirib, bu odamni olib kelishlarini buyurdim. 18Lekin ayblovchilar uni o‘rab olgach, men taxmin qilgan jinoyatlardan birortasini bo‘yniga qo‘ya olmadilar. 19Faqat o‘z dinlari bilan bog‘liq, Pavlus tirik ekanini da’vo qilayotgan Iso ismli o‘lgan bir shaxs haqida ba’zi bahslari bor edi. 20Men bu masalani hal qilishda qiynalib qoldim-da, Pavlusdan Quddusga borib, bu xususda sud bo‘lishni istar-istamasligini so‘radim. 21Lekin u bu ishni Imperatori a’zamning[68] muhokamasiga qoldirishni talab qilgani sababli, uni imperator huzuriga yuborgunga qadar qamoqda tutib turish haqida buyruq berdim.

22Agrippa Festga:

– Bu odamni men ham tinglashni istar edim, – dedi.

– Ertaning o‘zidayoq uni tinglaysiz, – dedi unga Fest.

 

Pavlus podshoh Agrippa oldida

 

23Ertasi kuni Agrippa bilan Vernika buyuk hashamat bilan kelib, mingboshilar va shaharning atoqli kishilari bilan birga mahkama saroyiga kirdilar. Festning amri bilan Pavlus olib keltirildi. 24Fest so‘z boshladi:

“Podshoh Agrippa va bizlar bilan birgalikda bu yerda hozir bo‘lgan hamma kishilar! Mana bu odamni ko‘rib turibsizlar. Quddusda va shu yerda ko‘pgina yahudiylar menga murojaat qilib, bu odam boshqa yashamasligi kerak, deya qichqirdilar. 25Mening bo‘lsa, uning o‘limga loyiq biror ish qilmaganiga ishonchim komil. Uning o‘zi Imperatori a’zamning huzurida sudlanishni talab etgani uchun, uni Rimga yuborishga qaror qildim. 26Faqat oliy hokimga uning haqida yozish uchun esa biron qat’iy so‘zim yo‘q. Shuning uchun uni hammangizning, va ayniqsa, podshohim Agrippa, sizning huzuringizga chiqartirdimki, bu ishni ko‘rib chiqqandan keyin yozish uchun biron tayin so‘z topilar, deb. 27Chunki mening fikrimcha, bir mahbusni imperatorga yuborib, unga qarshi qo‘yilgan ayblarni ko‘rsatmaslik mulohazasizlik bo‘lur edi”.

 

26–BOB

 

Pavlusning o‘zini oqlashi

 

1Agrippa Pavlusga: “O‘zingni oqlash uchun gapirishingga ruxsat beriladi”, – dedi. Shunda Pavlus qo‘lini siltagancha, o‘zini himoya qilib gapira boshladi:

2“Podshoh Agrippa! Yahudiylarning menga qo‘yayotgan hamma ayblaridan bugun sizning huzuringizda o‘zimni himoya qilayotganim uchun baxtiyor hisoblayman. 3Ayniqsa siz yahudiylarning barcha odatlarini va mubohasali masalalarini yaxshi bilganingizni ko‘zda tutib, sabr-toqat bilan meni tinglashingizni iltimos qilaman.

4Mening yoshligimdan o‘z mamlakatimda kechirgan hayotim hamda keyinroq Quddus shahrida kechgan umrimni barcha yahudiylar bilishadi. 5Meni azaldan tanishadi va agar xohlasalar, dinimizning eng jiddiy mazhabi bo‘lmish farziychilik ta’limoti bo‘yicha yashab kelganimga guvohlik bera olishadi. 6Endi esa, Xudoning otalarimizga bergan va’dasiga umid qilganim tufayli, men sudda hozirman. 7O‘n ikki qabilamiz[69] kecha-kunduz qunt va g‘ayrat bilan Xudo yo‘lida xizmat qilib, u va’daning ijro bo‘lishini ko‘rish umididadirlar. Men ana xuddi shu umidga erishganim uchun, ey podshohim Agrippa, yahudiylar meni ayblamoqdalar. 8Xudo o‘liklarni tiriltirishini sizlar nima uchun ishonib bo‘lmaydigan bir ish deb hisoblaysizlar?

9To‘g‘risi, o‘zim ham nosiralik Iso nomiga qarshi ko‘p xilofona amallarni qilish kerak, deb o‘ylar edim. 10Men buni Quddusda qildim ham. Oliy ruhoniylardan ijozat olib, ko‘p azizu muqaddas kishilarni zindonlarga tashlab, ularni o‘ldirayotganlarida men buni yoqlardim. 11Barcha yahudiy ibodatxonalarida ularni ko‘p martalab jazoga tortib, Isoni haqoratlashga majbur qilardim. Ularga nisbatan haddan tashqari darg‘azab bo‘lib, hatto begona shaharlarda ham quvg‘in qilardim.

12Bunga doir yana bir bor oliy ruhoniylarning vakolati va topshirig‘i bilan Damashqqa borayotgan edim. 13Va mana, ey podshohim, kunduz kuni yo‘lda ketayotganimda, quyosh nuridan ham yarqiroq bir nur osmondan porlaganini ko‘rib qoldim. Nur meni va yo‘ldoshlarimni yorqin yog‘duga cho‘mdirdi. 14Biz hammamiz yerga yiqilgandan keyin, menga yahudiy tilida so‘zlayotgan bir ovozni eshitdim:

– Shoul, Shoul, nega Meni quvg‘in qilyapsan? Nishga qarshi tepishing qiyin, – dedi. 15Men:

– Yo Rabbiy, Sen kim bo‘lasan? – deb so‘rasam, U:

– Men sen quvg‘in qilayotgan Isoman, – dedi. 16– Qani, qaddingni rostlab oyoqqa bos! Chunki sen Mening xizmatimda bo‘lasan. Meni qanday ko‘rganing hamda Men qay tariqa senga zohir bo‘lganim haqida guvohlik qilishing uchun seni tayinladim. 17-18Seni o‘z millating va boshqa xalqlar qo‘lidan xalos qilaman. Majusiylarning ko‘zlarini ochib, ularni zulmatdan nurga va shaytonning hokimiyatidan Xudoga qaytarish uchun seni yuboraman, toki ular Menga imon keltirib, gunohlari kechirilsin va Xudo azizlariga nasib etadigan abadiy merosga noil bo‘lsinlar, – dedi.

19Binobarin, ey podshoh Agrippa, men ko‘kdan yuborilgan ushbu vahiyga monelik qilmadim. 20Avval Damashq aholisiga, keyin Quddus va butun Yahudiya yurtidagi, shuningdek, boshqa yerlardagi majusiylarni tavba qildirib, Xudoga iltijo qilish va tavbaga yarasha ishlarni bajarishga undab yurdim. 21Shu ish uchun yahudiylar meni ma’badda tutib o‘ldirishga qasd qildilar. 22Lekin men Xudodan olgan yordamim bilan shu kunga qadar kattayu kichikka guvohlik berib kelaman. Muso va barcha payg‘ambarlarning karomat qilib aytganlaridan boshqa hech nimani gapirmayapman, 23chunonchi: Masih O‘z millatiga ham, boshqa millatlarga ham ilohiy nur haqida xabar qilish uchun azob chekib o‘lishi hamda o‘liklar ichidan birinchi bo‘lib tirilishi muqarrar edi”.

24Pavlus o‘zini shunday himoya qilarkan, Fest baland ovoz bilan so‘zini bo‘ldi-da:

– Nodonlik qilyapsan, Pavlus! Katta olimlik seni aqldan ozishga oboryapti! – dedi. 25Pavlus esa dedi:

– Men nodonlik qilmayapman, muhtaram Fest. Aksincha, haqiqat va farosat yuzasidan fikr yurgizyapman. 26Podshoh bu xususlarda bilimdon bo‘lgani uchun u bilan bemalol so‘zlashmoqdaman. Bu voqealardan hech biri uning nazaridan qochmagan bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman. Chunki bular bir chekkada qilingan ish emas. 27Podshoh Agrippa, payg‘ambarlarga ishonasizmi? Bilaman, ishonasiz!

28Agrippa Pavlusga:

– Yana birpasda meni ko‘ndirib, Masihiy qilmoqchisan-a? – dedi.

29– Xoh qisqa, xoh uzoq muddatda bo‘lsin, – dedi Pavlus, – faqat o‘zingizgina emas, balki bugun meni tinglayotganlarning hammasi ham, bu zanjirlardan xoli, men kabi bo‘lishlarini Xudodan so‘rar edim!

30Pavlus shularni aytganidan keyin podshoh, viloyat hokimi, Vernika va ular bilan birga o‘tirganlar o‘rinlaridan turishdi. 31Chetga chiqib, bir-birlari bilan maslahatlashib olishdi.

– Bu odam o‘limga yoki hibsga loyiq hech bir ish qilmayapti-ku, – deb aytishar edi. 32Oxirida Agrippa Festga:

– Agar bu odam Qaysar hukmini talab qilmaganda, uni ozod etish mumkin edi, – dedi. [Shunday qilib, hokim uni Qaysar oldiga yuborishga qaror qildi.]

 

27–BOB

 

Pavlusning Rim sari dengiz safari

 

1Italiyaga suzib borishga qaror qilinganda, Pavlus va boshqa ba’zi mahbuslarni Avgust[70] polkidan Yuliy ismli bir yuzboshiga topshirdilar. 2Biz Asiya sohillari bo‘ylab suzadigan Adramit kemasiga o‘tirib jo‘nadik. Biz bilan birga Salonikadan kelgan makedoniyalik Aristarx ham bor edi.

3Ertasi kuni Sido‘n shahriga kelib to‘xtadik. Yuliy Pavlusga insoniy muomala qilib, do‘stlarining yoniga borib tirikchilik ehtiyojlarini qondirishiga ruxsat berdi. 4U yerdan yana jo‘nab, shamol ro‘paradan esgani uchun Kipr orolini panalab suzib o‘tdik. 5Kilikiya va Pamfiliya qarshisidagi dengizdan o‘tib, Likiyadagi Mira shahriga keldik. 6Yuzboshi u yerda Italiyaga ketadigan Iskandariya kemasini topib, bizni unga o‘tqizdi.

7Ancha kun juda qiynalib suzib, Knidos shahrining qirg‘og‘iga zo‘rg‘a yetib bordik. Shamol qirg‘oqqa yaqinlashishimizga imkon bermadi. Shunda Salmon burnini aylanib, Krit orolini panalab suzib o‘tdik. 8Krit qirg‘og‘i bo‘ylab mashaqqat ila suzib, Go‘zal Bandargohlar degan joyga keldik. Laseya shahri bu yerga yaqindir.

9Endi oradan ko‘p vaqt o‘tib, hatto Ro‘za kuni[71] ham kechgan, suzib borish esa yanada xavfli bo‘lib qolgan edi. Shuning uchun Pavlus yo‘ldoshlariga maslahat berib: 10“Erlar, ko‘ryapmanki, suzishni davom ettirish yuk va kema uchungina emas, o‘z jonimiz uchun ham xavf-xatarli bo‘ladi”, – dedi. 11Lekin yuzboshi Pavlusning so‘zlaridan ko‘ra, kema haydovchisiga va darg‘aga ko‘proq ishonar edi. 12Pristan qishni o‘tkazishga moslashtirilmagani uchun, ko‘pchilik yo‘lovchilar u yerdan jo‘nab ketishga va iloji bo‘lsa, Kritning Finik portiga borib, qishlashga qaror berishdi. Finik janubi-g‘arb va shimoli-g‘arb tomonlardan esadigan shamollardan panada edi.

 

Dengiz bo‘roni

 

13Xafif janub shabadasi esa boshlaganda, ular o‘zlarini maqsadimizga erishdik, deb hisoblab, langar ko‘tarib jo‘nadilar va Krit sohili bo‘ylab suzib ketdilar. 14Lekin ko‘p o‘tmay, orol tomonidan “bodi-shimol” degan shiddatli bir bo‘ron bostirib keldi. 15To‘fon kemani shunday iskanjaga oldiki, u shamolga qarshi bardosh berolmadi. To‘lqinlarga taslim bo‘lib, suzib borardik. 16Klavda degan kichik bir orol yonidan o‘tayotganimizda, kemaning qayiqchasini zo‘rg‘a ushlab qoldik. 17Qayiqchani ko‘tarib olishgandan keyin, kemani arqonlar bilan o‘rab bog‘ladilar. Sayoz joylarga botib qolishdan qo‘rqib, yelkanni tushirdilar va suzuvchi langar tashlab, shamolga taslim bo‘ldilar.

18To‘fon kuchayaverganidan, ertasi kuni kemadan yukni ota boshlashdi. 19Uchinchi kuni esa o‘z qo‘limiz bilan kema jihozlarini suvga tashlab yubordik. 20Ancha kun quyosh ham, yulduzlar ham ko‘rinmay qoldi. To‘fon shiddatli tus olgan sari, qutulib qolishimizga bo‘lgan har qanday umidni yo‘qotgan edik.

21Kemadagilar ko‘pdan beri ovqat yemaganlari sababli, Pavlus ularning o‘rtasida turib: “Erlar! – dedi. – Menga quloq solib Kritdan ketmaganingizda edi, bu zararu zahmatlarga duchor bo‘lmasdinglar. 22Endi esa sizlardan o‘tinib so‘rayman: dadil bo‘linglar. Chunki sizlardan hech bir jon halok bo‘lmaydi, faqat kema nobud bo‘ladi. 23Mana, men Unga mansub bo‘lgan va Unga xizmat qilib yurgan Xudoning farishtasi bu kecha menga zohir bo‘ldi. 24U: “Qo‘rqma, Pavlus! – dedi. – Sen Qaysarning oldida turishing kerak. Kema yo‘lovchilariga kelganda, ularning hammasini Xudo senga bag‘ishladi”, – dedi. 25Shuning uchun, erlar, dadil bo‘linglar! Chunki Xudo xuddi menga aytganidek qilishiga qattiq ishonaman. 26Har holda bironta orolga tushishimiz kerak”.

 

Kema halokati

 

27Adriya dengizida shamolga taslim bo‘lib yurishimizning o‘n to‘rtinchi kechasida, qariyb tunning yarmida dengizchilar qandaydir bir quruqlikka yaqinlashganlarini payqadilar. 28Chuqurlikni o‘lchab, yigirma quloch ekanini bildilar. Keyin biroz masofada yana o‘lchab, o‘n besh quloch ekanini aniqladilar. 29Toshloq joyga urilib qolishdan qo‘rqib, kemaning orqa tarafidan to‘rtta langar tashladilar. Tong otishini intizor bo‘lib kutardilar. 30Shu orada dengizchilar kemadan qochmoq niyatida, go‘yo kemaning tumshug‘idan langar tashlamoqchi bo‘lib, qayiqchani dengizga tushira boshladilar. 31Pavlus esa yuzboshi va askarlarga qarab:

– Agar ular kemada qolmasalar, sizlar qutulolmaysizlar, – dedi. 32Shunda askarlar qayiqchaning arqonlarini kesib, qayiqchani suvga tushirib yubordilar.

33Tong otay deganda, Pavlus hammani ovqat yeyishga undab:

– Bugun o‘n to‘rtinchi kundirki, hech narsa yemay oziq-ovqatsiz qolib turibsizlar, – dedi. 34– Shuning uchun ovqat yeyishingizni yolvorib so‘rayman; bu qutulishingiz uchun kerakdir. Sizlardan hech kimning boshidagi biror soch tolasi ham nobud bo‘lmaydi.

35Pavlus bu so‘zlarni aytgandan keyin nonni oldi, hammaning oldida Xudoga shukrona aytib, nonni sindirib yeya boshladi. 36Shu tariqa hamma dadillanib, ovqat yedi. 37Kemada jami bo‘lib ikki yuz yetmish olti jon bor edik. 38Ovqatga to‘yganimizdan keyin bug‘doyni dengizga otib, kemani yengillashtirdilar.

39Kunduz bo‘lgach, ko‘rgan quruqliklarini tanimadilar; qirg‘og‘i qumloq bo‘lgan bir qo‘ltiqni payqadilar. Iloji bo‘lsa, kema bilan u joyga borib to‘xtashga qaror qildilar. 40Langarlarni uzib tashlab, dengizda qoldirdilar. Ayni zamonda rullarning iplarini yechib, oldingi yelkanni shamolga tomon qaratib, qirg‘oq sari ketdilar. 41Kema qirg‘oqning sayoz yeriga duch kelib, qumga tiqilib qoldi. Kemaning tumshug‘i botgancha qimirlamay qoldi, quyrug‘i esa to‘lqinlarning kuchi bilan parchalana boshladi.

42O‘shanda askarlar, mahbuslardan biron kishi suzib qochib ketmasin, deb ularni o‘ldirishni niyat qildilar. 43Lekin yuzboshi Pavlusni qutqazmoqchi bo‘lib, bu niyatlarini bajarishdan ularni to‘xtatdi. Suzishni bilganlar birinchi bo‘lib o‘zlarini kemadan tashlagancha quruqlikka chiqsinlar, 44qolganlari esa xoh taxtalarga, xoh kemaning biron siniq bo‘lagiga tutinib, ularning ketidan borsinlar, deya amr berdi. Shu yo‘sinda hamma sog‘-salomat quruqlikka chiqib oldi.

 

28–BOB

 

Malta orolida

 

1Xalos bo‘lganimizdan keyin, orolning oti Malta ekanini bildik. 2Yerli aholi bizga odatdan tashqari insoniylik ko‘rsatdi. Yomg‘ir yog‘ib sovuq bo‘lgani uchun, ular o‘t yoqib, hammamizni do‘stona qabul qildilar. 3Shu mahal Pavlus bir dasta o‘tin yig‘ib, olovning ustiga qo‘yayotganda, issiqdan qochayotgan bir zaharli ilon uning qo‘lini chaqib olib, osilib qoldi. 4Pavlusning qo‘liga ilon osilganini yerlilar ko‘rgach, bir-birlariga: “Bu odam qotil bo‘lsa kerak. Dengizdan xalos bo‘lgan bo‘lsa ham, Haq uni tirik qoldirmayapti-da!” – deyishdi.

5Pavlus esa hech qanday zarar ko‘rmasdan, ilonni o‘tga silkitib tashladi. 6Orol aholisi uning shishib ketishini yoki o‘lib qolib, to‘satdan yerga yiqilishini kutardi. Lekin uzoq kutishgandan keyin unga hech qanaqa falokat yuz bermaganini ko‘rishgach, boshqacha fikr qilib: “U bir xudodir”, – deb aytishardi.

7U joyning yaqinida orolning boshlig‘i bo‘lgan Publiy ismli bir kishining yer-mulki bor edi. U bizni qabul etib, uch kun mehmondo‘stlik qildi. 8O‘sha paytda Publiyning otasi yurakburug‘dan qiynalib, isitmalab yotar edi. Pavlus uning yoniga kirdi va qo‘llarini uning ustiga qo‘ygancha ibodat qilib, uni sog‘aytirdi. 9Bu hodisadan keyin oroldagi boshqa xastalar ham kelib, shifo topishdi. 10El bizga izzat-ikrom ko‘rsatdi, jo‘nayotganimizda zarur narsalar bilan ta’minladilar.

 

Rimga yetib borish

 

11Uch oydan keyin Iskandariyadan kelib, o‘sha orolda qishlab qolgan Javzo[72] tug‘li bir kema bilan suzib ketdik. 12Sirakuzaga borib, u yerda uch kun turdik. 13U yerdan suzib ketib, Rigiyaga keldik. Bir kundan keyin esayotgan janub shamolidan foydalanib, ikki kunda Puteolga yetib bordik. 14U yerda ba’zi imonli birodarlarimizni topdik. Yetti kun ularnikida turishimiz uchun ruxsatimizni so‘rab oldilar.

Keyin Rimga yetib keldik. 15U yerdagi birodarlar daragimizni eshitib, Appiya forumi va hatto Uch Mehmonxona maydonigacha bizni kutib olgani chiqishgandi. Pavlus ularni ko‘rib, Xudoga shukr qildi va ko‘ngli ko‘tarildi. 16Rimga kirganimizdan keyin yuzboshi mahbuslarni lashkarboshiga topshirdi. Pavlusga esa uni qo‘riqlab turadigan bir askar bilan alohida yashash uchun ruxsat berildi.

 

Pavlusning Rimdagi faoliyati

 

17Uch kundan so‘ng Pavlus yahudiylarning atoqli kishilarini bir joyga chorladi. Ular to‘planganda: “Erlar, birodarlar! – deb xitob qildi. – Men xalqimizga yoxud ota-bobolarimiz odatlariga qarshi hech narsa qilmagan holda, Quddusda qo‘lga tushib, rimliklarga topshirildim. 18Ular ham meni sud qilib, o‘limga loyiq biron gunohda ayblay olmay ozod qilmoqchi bo‘ldilar. 19Lekin yahudiylar bunga qarshi chiqqach, men Qaysarning hukmini talab etishga majbur bo‘ldim. Men buni xalqimni biron xususida qoralamoq niyatida qilmadim. 20Aslini olganda, men Isroilning umidi uchun bu zanjir bilan bog‘langanman. Ana shu sababdan ham sizlar bilan ko‘rishib gaplashishni istardim”.

21Ular javob berib: “Sening haqingda Yahudiyadan hech qanday xat-xabar olganimiz yo‘q, u yerdan kelgan birodarlardan birortasi ham bizga noxush ma’lumot yo axbor bildirgani yo‘q. 22Shunga qaramay, qanday fikr yuritishingni sendan eshitmoqchimiz, chunki bu bid’atga qarshi har yerda bahs bo‘layotgani bizga ma’lumdir”, – dedilar.

23Pavlus uchun bir kun tayin etib, juda ko‘p kishi u turgan mehmonxonaga keldi. Ertalabdan oqshomgacha Pavlus ularga Xudoning Shohligini bayon etib guvohlik berar, Musoning Qonuniga va Payg‘ambarlar kitobiga binoan Iso to‘g‘risida ishonchli dalillar keltirar edi. 24Uning aytganlariga ba’zilari e’tiqod qo‘yib, ba’zilari esa inonmadilar. 25O‘zaro kelishmovchilik yuzaga kelib, Pavlus ularga bir so‘zni aytgandan so‘ng, ular keta boshladi. Pavlus dedi:

“Muqaddas RuhIsha’yo payg‘ambar orqali otalarimizga juda to‘g‘ri gapirib ketgan:

26“Bu xalqqa borib aytgin:

Eshitib-eshitib ham anglamaysizlar;

Qarab-qarab ham ko‘rolmaysizlar.

27Chunki bu xalqning dilini yog‘ bosgan,

Quloqlari zo‘rg‘a eshitadigan bo‘lgan,

Ko‘zlarini esa yumib olganlar.

Mabodo ko‘zlari ko‘radigan, quloqlari eshitadigan,

Dillari esa fahmlaydigan bo‘lsa-yu, tavba qilsalar,

Men ularga shifo bergan bo‘lur edim”.

28Shuni bilib qo‘yinglar: Xudoning bu najoti endi boshqa xalqlarga yuborilgan; ular esa eshitadilar”.

29[Pavlus bu so‘zlarni aytib bo‘lgandan keyin, yahudiylar o‘zaro ancha tortishib, u yerdan chiqib ketishdi.]

30Pavlus ijaraga olgan uyida to‘liq ikki yil turdi. Huzuriga kelganlarning hammasini qabul qilar edi. 31Xudoning Shohligi keldi va Iso MasihRabbimizdir, deya jasorat bilan bemalol va’z aytib, ta’lim berar edi.

Omin.

 


[1] 1:2 - HAVORIYLAR: lug‘atga qarang.

[2] 1:2 - MUQADDAS RUH: Xudoning Ruhi.

[3] 1:2 - ILK KITOBIM: ya’ni Injilning “Luqo bayon etgan Muqaddas Xushxabar” degan qismi; qarang: Luqo 1:1-4.

[4] 1:4 - OTAM: ya’ni Xudo.

[5] 1:5 - YAHYO: Iso Masihning kelishini e’lon etgan payg‘ambar; qarang: Matto 3 va 14-bob.

[6] 1:12 - BIR CHAQIRIMLIK YO‘L: aslida “bir dam olish kunichalik yo‘l”, ya’ni dam olish kuni – shanbada yahudiy diniga ko‘ra yurish mumkin bo‘lgan masofa.

[7] 1:20 - qarang: Zabur 68:26, 108:8.

[8] 2:1 - HOSIL BAYRAMI: lug‘atga qarang.

[9] 2:15 - SOAT TO‘QQIZ: aslida “3-soat”; vaqt jadvaliga qarang.

[10] 2:22 - NOSIRA: Isoning ulg‘aygan shahri.

[11] 2:28 - qarang: Zabur 15:8-11.

[12] 2:35 - qarang: Zabur 109:1.

[13] 2:42 - NON SINDIRISH: umuman ovqatlanish va ayniqsa, Isoning o‘limini yodlash maqsadida o‘tkaziladigan maxsus marosim; yana qarang: 1-Korinfliklar 11:17-34.

[14] 2:46 - MA’BAD: lug‘atga va ma’bad xaritasiga qarang.

[15] 3:1 - SOAT UCH: aslida “9-soat”; vaqt jadvaliga qarang.

[16] 3:13 - O‘G‘LONI: yoki, quli, ya’ni qadimgi payg‘ambarlar Uning kelishini aytgan Xudoning Azizi – Masih; yana qarang: Matto 12:15-21.

[17] 3:13 - PILAT: Isoni sud qilgan hukmron.

[18] 3:25 - VORISLAR: aslida “o‘g‘illar”.

[19] 4:1 - SADDUQIY: lug‘atga qarang.

[20] 4:11 - qarang: Zabur 117:22, Luqo 20:17, 1-Butrus 2:4-7.

[21] 4:26 - qarang: Zabur 2:2-3.

[22] 4:27 - O‘G‘LONING: 3:13 dagi izohga qarang.

[23] 6:8 - Boshqa qadimgi qo‘lyozmalar bo‘yicha, “Xudo inoyatiga to‘la”.

[24] 7:8 - SUNNAT AHDI: Xudo Ibrohim payg‘ambar bilan ahd qilib: “Har bir o‘g‘il bolangiz sakkiz kunligida xatna qilinsin”, – deb buyurgan edi; qarang: Tavrot, Ibtido 17-bob va 21:1-4.

[25] 7:29 - MIDYON: Arabistonning shimoli-g‘arbidagi o‘lka.

[26] 7:40 - HORUN: Muso payg‘ambarning akasi, Isroil o‘g‘illari Misrdagi asoratdan qochib qutulayotganda ukasiga yordam bergan.

[27] 7:43 - MALUK: butning nomi; qadimgi Falastinda bu butga hatto bolalarini qurbon qilishardi.

[28] 7:43 - KAYVON: Zuhal (Saturn) sayyorasi bilan aloqador topinilgan but; Lug‘atda “Bobilga surgunlik” maqolasiga ham qarang.

[29] 7:44 - SHAHODAT CHODIRI: lug‘atga qarang.

[30] 7:51 - YURAGI VA QULOQLARI SUNNAT BO‘LMAGANLAR: ya’ni yuragi sezmaydigan, quloqlari eshitmaydiganlar.

[31] 7:52 - SOLIH KISHI: Iso Masih; aynan qarang: 3:14, 1-Yuhanno 3:7, 1-Butrus 3:18.

[32] 7:56 - INSON O‘G‘LI: Iso Masihning unvoni; lug‘atga qarang.

[33] 8:14 - SAMARIYALIKLAR: bu xalqning mohiyati lug‘atda izohlanadi.

[34] 8:27 - AMALDOR: aslida, haram og‘asi.

[35] 8:33 - qarang: Isha’yo 53:7-8; Isha’yo payg‘ambar Iso Masihdan 800 yil avval yashagan, Xudodan olgan vahiy bilan Masihning gunohkorlar uchun qurbon bo‘lishi haqida karomat qilgan.

[36] 10:3 - SOAT UCH: aslida “9-soat”; vaqt jadvaliga qarang.

[37] 10:9 - TUSH: aslida “6-soat”.

[38] 10:30 - SOAT UCH: aslida “9-soat”.

[39] 10:45 - YAHUDIY: aslida “sunnatli”; lug‘atga qarang.

[40] 11:2 - SUNNATCHILAR: lug‘atga qarang.

[41] 11:26 - MASIHIY: yunoncha “xristian”, ya’ni Masihga qarashli, Masih yo‘lida yuruvchi.

[42] 11:28 - QAYSAR KLAVDIY: 41-54 yillarda Rim imperatori edi. “Butun dunyo” so‘zi Rim dunyosi ma’nosida. Mazkur qahatchilikning kechgani tarixiy hodisadir.

[43] 13:35 - qarang: Zabur 2:7, 15:10.

[44] 14:12 - ZEVS: qadimiy yunonlarda “bosh xudo”.

[45] 14:12 - HERMES (Germes) esa “xudolarning notiqi” deb hisoblanar edi.

[46] 15:14 - SIMUN: Havoriy Butrusning eski oti; qarang: Matto 4:18.

[47] 16:10 - BIZLAR: Hozirgacha hikoyatni tomoshabin tilidan yozgan Luqo bir muddat o‘zi ham sayrda qatnashgan.

[48] 16:38 - Rim fuqarosi bo‘lgan kishini sudsiz jazolamoq qonunga xilof edi; aynan qarang: 22:22-29.

[49] 17:2 - MUQADDAS YOZUVLAR: Muqaddas Kitobning u vaqtgacha yozilib bo‘lgan Tavrot va Zabur qismlari.

[50] 17:18 - EPIKURCHI...STOIK: lug‘atga qarang.

[51] 17:19 - ARES-TEPA: yunoncha “Areopag”; qadimdan bu nomdagi tepada Afinaning oqsoqollar kengashi yig‘ilib turgan.

[52] 18:2 - QAYSAR KLAVDIY: yana qarang: 11:28.

[53] 18:25 - 1:5 va 19:1-7 dagi izohlarga qarang.

[54] 19:24 - ARTEMIS: Qadimgi yunonlarning farovonlik ma’budasi; uning Efesdagi ma’badi juda hashamatli edi.

[55] 19:35 - OSMONDAN TUSHGAN TOSH: go‘yo xudo Zevs yer yuziga uloqtirgan deb ishonishgan tabarruk tosh.

[56] 20:6 - XAMIRTURUSHSIZ NON BAYRAMI: Fisih bayrami.

[57] 20:7 - NON SINDIRISH: 2:42 dagi izohga qarang.

[58] 20:16 - HOSIL BAYRAMI: lug‘atga qarang.

[59] 20:26 - aslida “Hammaning qonidan tozaman”; aynan qarang: 18:6.

[60] 21:8 - YETTI VAZIFADOR: qarang: 6:1-6.

[61] 21:23 - NAZR: Xudo yo‘liga atalgan nazrning tashqi ishorasi o‘laroq ma’lum muddatgacha spirtli ichimlikdan parhez qilish va sochini o‘stiraverish udum edi (qarang: Tavrot, Sahroda 6-bob). Pavlusni bu marosimga tobe tutib, uning yahudiy urf-odatiga sodiq qolganini ko‘rsatmoqchi edilar.

[62] 21:29 - MA’BAD: Yahudiylarning Quddusdagi markaziy ibodatxonasi bo‘lib, uning ichki bo‘lmasiga g‘ayridin kishini kiritish katta gunoh hisoblanar edi; lug‘atga va ma’bad xaritasiga qarang.

[63] 21:38 - XUNREZ: yahudiylarning “xanjarbozlar” degan zo‘ravon millatchi firqasi.

[64] 22:3 - GAMALIEL: Quddusdagi e’tiborli din olimi; yana qarang: 5:34.

[65] 22:14 - SOLIH KISHI: Iso Masih; yana qarang: 7:52.

[66] 24:5 - NASRONIYLAR: Isoning ulg‘aygan shahri Nosiradan shakllangan atama, masihiylar.

[67] 25:13 - VERNIKA: Podshoh Agrippaning singlisi.

[68] 25:21 - IMPERATORI A’ZAM: Rim Qaysarlari unvonlaridan biri bo‘lgan “Avgust” so‘zining tarjimasi.

[69] 26:7 - O‘N IKKI QABILA: Isroil xalqining butunligi.

[70] 27:1 - AVGUST: 25:21 dagi izohga qarang.

[71] 27:9 - RO‘ZA KUNI: Sentabr-oktabr oylarida qutlanadigan yahudiylarning Yo‘m Kippur bayrami (qarang: Tavrot, Levilar 16-bob); kemachilik uchun ob-havo endi xavfli bo‘lib qolganini bildiradi.

[72] 28:11 - JAVZO: yunoncha “Dioskurlar”, ya’ni qadimgi yunon xudolari orasida go‘yo Zevsning egizi Kastor va Polluks epiteti.




Китоблар / Муқаддас Китоб / Ўзбек тилидаги

Эски Аҳд:  |  ИБТИДО  |  ЧИҚИШ  |  ЛЕВИЛАР  |  САҲРОДА  |  ҚОНУНЛАР  |  ЁШУА  |  ҲАКАМЛАР  |  РУТ  |  ШОҲЛАР (БИРИНЧИ КИТОБ)  |  ШОҲЛАР (ИККИНЧИ КИТОБ)  |  ШОҲЛАР (УЧИНЧИ КИТОБ)  |  ШОҲЛАР (ТЎРТИНЧИ КИТОБ)  |  СОЛНОМАЛАР (БИРИНЧИ КИТОБ)  |  СОЛНОМАЛАР (ИККИНЧИ КИТОБ)  |  ЭЗРА  |  НАХИМИЁ  |  ЭСТЕР  |  АЮБ  |  ЗАБУР  |  СУЛАЙМОННИНГ ҲИКМАТЛАРИ  |  ВОИЗ  |  СУЛАЙМОННИНГ ГЎЗАЛ ҚЎШИГИ  |  ИШАЁ  |  ЕРЕМИЁ  |  ЕРЕМИЁНИНГ МАРСИЯСИ  |  ҲИЗҚИЁ  |  ДОНИЁР  |  ХЎШЕЯ  |  ЙЎЭЛ  |  АМОС  |  ОБOДИЁ  |  ЮНУС  |  МИХО  |  НОХУМ  |  ХАБАҚҚУҚ  |  ЗАФАНИЁ  |  ХАГГЕЙ  |  ЗАКАРИЁ  |  МАЛАКИ
Янги Аҳд:
МАТТО  |  МАРК  |  ЛУҚО  |  ЮҲАННО  |  ҲАВОРИЙЛАРНИНГ ФАОЛИЯТИ  |  РИМЛИКЛАРГА МАКТУБ  |  КОРИНФЛИКЛАРГА БИРИНЧИ МАКТУБ  |  КОРИНФЛИКЛАРГА ИККИНЧИ МАКТУБ  |  ГАЛАТИЯЛИКЛАРГА МАКТУБ  |  ЭФЕСЛИКЛАРГА МАКТУБ  |  ФИЛИППИЛИКЛАРГА МАКТУБ  |  КОЛОСАЛИКЛАРГА МАКТУБ  |  САЛОНИКАЛИКЛАРГА БИРИНЧИ МАКТУБ  |  САЛОНИКАЛИКЛАРГА ИККИНЧИ МАКТУБ  |  ТИМЎТИЙГА БИРИНЧИ МАКТУБ  |  ТИМЎТИЙГА ИККИНЧИ МАКТУБ  |  ТИТУСГА МАКТУБ  |  ФИЛИМЎНГА МАКТУБ  |  ИБРОНИЙЛАРГА МАКТУБ  |  ЁҚУБНИНГ МАКТУБИ  |  БУТРУСНИНГ БИРИНЧИ МАКТУБИ  |  БУТРУСНИНГ ИККИНЧИ МАКТУБИ  |  ЮҲАННОНИНГ БИРИНЧИ МАКТУБИ  |  ЮҲАННОНИНГ ИККИНЧИ МАКТУБИ  |  ЮҲАННОНИНГ УЧИНЧИ МАКТУБИ  |  ЯҲУДОНИНГ МАКТУБИ  |  ЮҲАННОГА КЎРСАТИЛГАН ВАҲИЙ


Injil Uzbek tili: Yangi Ahd. Latin online
 Matto | Mark | Luqo | Yuhanno | Havoriylar | Yoqub | 1 Butrus | 2 Butrus | Yuhannoning 1chi | Yuhannoning 2chi | Yuhannoning 3chi | Yahudoning | Rimliklarga | Korinfliklarga 1chi | Korinfliklarga 2chi | Galatiyaliklarga | Efesliklarga | Filippiliklarga | Kolosaliklarga | Salonikaliklarga 1chi | Salonikaliklarga 2chi | Timo‘tiyga 1chi | Timo‘tiyga 2chi | Titusga | Filimo‘nga | Ibroniylarga | Vahiy  
Injil Uzbek tili: Eski Ahd. Latin online
IBTIDO | ZABUR

Китоблар Ўзбек тилидаги: Инжил ва Muqaddas Kitob ва Инжил Каракалпак

Kitoblar - Kutubxona  |  Simfoniya  |  Guvohliklar  |  Musiqa mp3  |  VIDEO  |  UzLatin.com   |  Telegram kanal @kitoblar_elektron_uz


Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musiqasi


(skachat Hamdu-Sano-Xudoga.pdf 2 mb)
Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musika
(skachat Hamdu-Sanolar_Imon-yuli.pdf 1 mb)
Online Yangi o'zbek MP3. Ayni damda musiqa javonida 3gb. guruh. Ҳамду санолар
++ KANAL MP3 https://t.me/uzbekmusika ++


Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

Audio Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

Китоблар Ўзбек тилидаги: Инжил ва Muqaddas Kitob ва Инжил Каракалпак
Uzbek tilida Muqaddas Kitob Injil skachat - Audio mp3, Download (.zip 624mb)



Yaxshi audio kitoblarni O`zbek tilidagi

Audio Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

O'zbek tilidagi Kinolar

Uzbek tilidagi Kinolar

KitoBook.com