Muqaddas Kitob

Shohlar (uchinchi kitob)

1. Shoh Dovud ancha keksaydi. Uni ko‘rpa–to‘shaklar bilan o‘rab tashlashsa ham, hech isimas edi.
2. Shunda a’yonlari Dovudga aytishdi: — Hazrati oliylari uchun yosh, bokira qiz qidirib topsak. O‘sha qiz shohimiz oldida bo‘lsin, parvarish qilsin, shohimizning quchog‘ida yotsin. Ana shunda shoh hazratlari isiydilar.
3. Shunday qilib, butun Isroil hududi bo‘ylab chiroyli, bo‘yi yetgan qizni qidirdilar. Nihoyat, Shunamlik Obisha ismli qizni topib, shoh huzuriga olib kelishdi.
4. Qiz g‘oyatda go‘zal edi. U shohni parvarish qilib, uning xizmatida bo‘ldi. Lekin shoh qizga yaqinlashmadi.
5. Absalom vafot etgandan keyin, Dovudning Xaggitdan tug‘ilgan Odoniyo ismli o‘g‘li “Men shoh bo‘laman”, deb o‘zini juda katta tutadigan bo‘lib qoldi. U o‘ziga jang aravalari, chavandozlar va ellikta qo‘riqchi oldi.
6. Otasi esa “Nima uchun sen bunday qilyapsan?” deb hech qachon uni tergamadi. Odoniyo Absalomdan keyingisi bo‘lib, juda chiroyli yigit edi.
7. U Zeruya o‘g‘li Yo‘ab va ruhoniy Abuatarga maslahat soldi. Ikkovi ham Odoniyo tarafiga o‘tdilar.
8. Lekin ruhoniy Zodo‘x, Yohayido o‘g‘li Binayo, payg‘ambar Natan, Shimax, Rey va Dovudning qo‘riqchilari Odoniyo tomonga o‘tmadilar.
9. Odoniyo En–Ro‘g‘ol bulog‘i bo‘yidagi Zo‘xalat toshi yonida qo‘y, buqa va boqilgan buzoqlarni qurbonlik qilib, hamma aka–ukalarini — shoh o‘g‘illarini, shohga qarashli barcha Yahudo a’yonlarini taklif qildi.
10. Payg‘ambar Natanni, Binayoni, shohning qo‘riqchilarini, ukasi Sulaymonni esa taklif qilmadi.
11. Shundan so‘ng Natan Sulaymonning onasi Botshevaga dedi: — Xaggitdan tug‘ilgan Odoniyo o‘zini–o‘zi shoh qilganini, Dovud hazratlari esa bu ahvoldan bexabar ekanini eshitmadingmi?
12. Endi men senga shunday maslahat beraman: Sen o‘zingning va o‘g‘ling Sulaymonning hayotini qutqar.
13. Shoh Dovud saroyiga borib, uning huzuriga kirgin. Shohga shunday deb ayt: “Shoh hazratlari bu cho‘risiga, mendan keyin o‘g‘ling Sulaymon shoh bo‘ladi, mendan keyin taxtga u o‘tiradi, deb va’da bermaganmidilar?! Nimaga endi Odoniyo shoh bo‘lib qoldi?”
14. Sen u yerda shoh bilan suhbatni davom ettirayotganingda, men orqangdan kirib, sening gapingni qo‘llab–quvvatlayman.
15. Botsheva borib, shoh Dovudning xonasiga kirdi: shoh juda munkillab qolgan, Shunamlik Obisha esa uning xizmatini qilayotgan edi.
16. Botsheva shohga egilib ta’zim qildi. — Tila tilagingni, — dedi shoh.
17. Botsheva unga dedi: — Shoh hazratlari! Bu cho‘ringizga o‘z Egangiz Xudo nomi bilan ont ichib “Mendan keyin o‘g‘ling Sulaymon shoh bo‘ladi, mendan keyin taxtga u o‘tiradi”, deb va’da bergan edingiz–ku.
18. Endi esa Odoniyo shoh bo‘lib qolibdi. Shoh hazratlari esa bu haqda hech narsa bilmaydilar.
19. U bir talay buqa, boqilgan buzoq va qo‘ylar so‘yib, shohimizning hamma o‘g‘illarini, ruhoniy Abuatarni, lashkarboshi Yo‘abni taklif qilibdi. Qulingiz Sulaymonni esa taklif qilmabdi.
20. Shoh hazratlari! Jamiki Isroil xalqining ko‘zlari sizga qadalgan, o‘zingizdan keyin taxtga kim o‘tirishini siz e’lon qilishingizni kutishyapti.
21. Aks holda shoh hazratlari olamdan o‘tib, ota–bobolari yoniga ketganlarida, men va o‘g‘lim Sulaymon xiyonatkorday bo‘lib qolamiz.
22. Botsheva shoh bilan gaplashayotganda, payg‘ambar Natan kelib qoldi.
23. Shunda shohga: “Payg‘ambar Natan shu yerdalar, sizni ko‘rmoqchilar”, deb xabar berishdi. Natan shoh huzuriga kirdi–yu, yer o‘pib unga ta’zim qildi.
24. Keyin u shohga dedi: — Shoh hazratlari! Siz “Mendan keyin Odoniyo shoh bo‘ladi, mendan keyin taxtga u o‘tiradi”, deb aytgan edingizmi?
25. U bugun chiqiboq bir talay buqa, boqilgan buzoq, qo‘ylar so‘yib, shohning hamma o‘g‘illarini, qo‘shiningizning lashkarboshilarini va ruhoniy Abuatarni taklif qildi. Hammalari Odoniyoning huzurida yeb–ichib o‘tirishibdi, “Yashasin shoh Odoniyo!” deb baqirishyapti.
26. Men, qulingizni, ruhoniy Zodo‘xni va Yohayido o‘g‘li Binayoni, qulingiz Sulaymonni esa taklif qilmadi.
27. Bularning hammasi shoh hazratlarining xohishiga ko‘ra bo‘ldimi? Shoh hazratlari o‘zlaridan keyin taxtga kim o‘tirishi haqida biz, qullariga nega ayon qilmadilar?
28. Shunda Dovud “Botshevani menga chaqiringlar!” — dedi. Botsheva kirib, shoh qarshisida turdi.
29. -
30. Shoh ont ichib aytdi: — Meni har qanday balolardan doimo saqlab kelgan Xudoyim shohid! Men Isroil xalqining Xudosi — Egamiz nomi bilan ont ichib, senga “O‘g‘ling Sulaymon mendan keyin shoh bo‘ladi, mendan keyin taxtga u o‘tiradi”, deb va’da bergan edim. O‘sha ontimni bugun ado etaman.
31. Botsheva yer o‘pib, shohga ta’zim qildi: — Shohimiz Dovud hazratlari dunyo turguncha tursinlar!
32. — Ruhoniy Zodo‘xni, payg‘ambar Natanni, Yohayido o‘g‘li Binayoni mening huzurimga taklif qilinglar! — dedi shoh Dovud. Ular shoh huzuriga kirib keldilar.
33. Shundan so‘ng shoh ularga: — Yoningizga shohingizning qo‘riqchilarini olinglar, — dedi. — O‘g‘lim Sulaymonni mening xachirimga o‘tqazib, Gixo‘n bulog‘iga olib boringlar.
34. U yerda ruhoniy Zodo‘x va payg‘ambar Natan Sulaymonning boshiga moy surtib, uni Isroil shohi qilsinlar. Keyin burg‘u chalib, baland ovoz bilan: “Yashasin shoh Sulaymon!” deb aytinglar.
35. So‘ng uning orqasidan qaytib kelinglar. U kelgach, mening taxtimga o‘tirsin, mening o‘rnimga shoh bo‘lsin. Men uni Isroil va Yahudoning hukmdori qilib tayinladim.
36. Binayo shohga qarata: — Omin! Shohimiz hazratlarining Xudosi — Egamizning amri ham shunday bo‘lsin! — dedi.
37. — Egamiz doim shoh hazratlari bilan bo‘lgan edi. Bundan keyin U Sulaymonga yor bo‘lsin, Sulaymonning taxtini shohimiz Dovud hazratlari taxtidan ham yuksak qilsin.
38. Ruhoniy Zodo‘x, payg‘ambar Natan, Yohayido o‘g‘li Binayo, shohning Xaretlik va Palatlik qo‘riqchilari Sulaymonni shoh Dovudning xachiriga o‘tqazib jo‘nadilar. Nihoyat, uni Gixo‘n bulog‘iga olib keldilar.
39. Ruhoniy Zodo‘x chodirdan olib kelgan moy solingan qo‘chqor shoxini olib chiqdi va Sulaymonning boshiga moy surtdi. Keyin burg‘u chaldilar. Shunda butun xalq: “Yashasin shoh Sulaymon!” deb qichqirdi.
40. Xalq Sulaymonga ergashib, nay chalib, o‘yin–kulgi qilib ketdi. Xalqning qiyqirig‘idan go‘yo yer titrab ketdi.
41. Odoniyo va hamma taklif qilinganlar taomni yeb bo‘lar–bo‘lmas, shovqin–suronni eshitib qoldilar. Yo‘ab burg‘u ovozini eshitib: “Nimaga bunchalik shovqin? Shaharni larzaga keltiradi–ya”, — dedi.
42. U gapini tugatmagan ham ediki, ruhoniy Abuatarning o‘g‘li Yo‘natan kirib keldi. — Kel, — dedi Odoniyo unga, — sen ulug‘ odamsan, yaxshi xabar olib kelyapsan–ov.
43. — Yo‘q, shohimiz Dovud hazratlari Sulaymonni shoh qilib ko‘tardilar, — deb javob berdi Yo‘natan.
44. — Shoh Dovud u bilan birga ruhoniy Zodo‘xni va payg‘ambar Natanni, Binayoni, o‘zining Xaretlik va Palatlik qo‘riqchilarini yubordi. Ular Sulaymonni shohning xachiriga o‘tqazishdi.
45. Ruhoniy Zodo‘x va payg‘ambar Natan Gixo‘n bulog‘ida Sulaymonning boshiga moy surtib, shoh qildilar. U yerdan shod–xurram bo‘lib qaytib kelishdi. Shuning uchun shahar ola–g‘ovur bo‘lib qoldi. Sizlar eshitayotgan shovqin–suronning boisi shudir.
46. Sulaymon shohlik taxtiga o‘tiribdi.
47. Shohning a’yonlari Dovud hazratlarini tabriklash uchun kelib shunday deyishdi: “Sulaymonning nomini Xudoyingiz sizning nomingizdan ham ko‘proq ulug‘lasin, uning taxtini sizning taxtingizdan ham yuksaltirsin.” Shoh esa to‘shagida yotganicha Xudoga sajda qilib,
48. bunday dedi: “Isroil xalqining Xudosi — Egamizga hamdu sanolar bo‘lsin! U bugun ko‘zlarim ochiqligida zurriyotimdan bittasini taxtga o‘tqazdi.”
49. Odoniyoning mehmonlari qo‘rquv ichida o‘rinlaridan turib, hammasi har yoqqa tarqalib ketdilar.
50. Odoniyo ham Sulaymondan qo‘rqqanidan o‘rnidan turdi–yu, qochib borib, qurbongohning burchagidan mahkam ushlab oldi.
51. Sulaymonga shu xabarni olib keldilar: “Odoniyo shoh Sulaymondan qo‘rqyapti, u qurbongohning burchagini mahkam ushlab olib, Sulaymon, bu qulimni o‘ldirmayman, deb oldin menga so‘z bersin, deyapti.”
52. — Agar u menga sodiq bo‘lsa, — dedi Sulaymon, — birorta tukiga zarar yetmaydi. Bordi–yu, ko‘nglida yomonlik bo‘lsa, boshini olaman.
53. Shoh Sulaymon odam yuborib, Odoniyoni qurbongohdan oldirib keldi. Odoniyo kelib, shoh Sulaymonga ta’zim qildi. Shundan so‘ng Sulaymon: “Bor, uyingga jo‘na!” — dedi unga.
1. Dovudning umri oxirlab borayotgan edi. U o‘g‘li Sulaymonga shunday deb vasiyat qildi:
2. — Endi mening ham umrim oxirlab boryapti. Sen qat’iy irodali, mardonavor bo‘l.
3. Egangiz Xudo qo‘ygan talablarni bajar. Musoning Tavrotida yozilganiday, Uning yo‘lidan yurib, farmon va amrlariga, qonun–qoidalari va shartlariga rioya qil. Shunda nima qilsang ham, qayerga borsang ham, har doim baraka topasan.
4. Egamiz men haqimda aytgan mana bu va’dasini ado etadi: “Agar o‘g‘illaring Mening oldimda o‘z yo‘llaridan adashmay, butun qalbi bilan, jonu dili bilan sodiq bo‘lib yursalar, sening naslingdan bo‘lgan erkak zoti to abad Isroil taxtida o‘tiradi.”
5. Yana Zeruya o‘g‘li Yo‘ab menga nima qilganini sen bilasan. U Isroilning ikkita lashkarboshisini — Nar o‘g‘li Abnur bilan Eter o‘g‘li Emosani o‘ldirib, tinchlik paytida urush davridagiday qon to‘kdi. Chorig‘idan tortib beligacha urushdagiday qonga bulg‘andi.
6. Yo‘ab ajalidan besh kun burun o‘lsin, o‘liklar diyoriga tinchgina kirmasin. Shunga aqlingni ishlat.
7. Giladlik Borzulayning o‘g‘illariga sadoqatli bo‘l. Ular sening dasturxoningdan taom yeydiganlar orasida bo‘lsin. Chunki men akang Absalomdan qochib yurganimda, ular mening oldimda hoziru nozir bo‘lishdi.
8. Esingda bo‘lsin: yoningda Benyamin qabilasidan Boxurimlik Gera o‘g‘li Shimax ham bor. Moxanayimga qochib o‘tayotganimda, u meni yomon qarg‘agan edi. Lekin keyinroq u meni kutib olish uchun Iordan daryosi bo‘yiga chiqdi. Men Egamiz nomi bilan ont ichib, unga: “Seni o‘ldirmayman”, degan edim.
9. Lekin sen uni aybsiz deb bilma. Sen aqlli odamsan, nima qilishni o‘zing bilasan. U qarib qolgan bo‘lsa ham, o‘ldirilishi kerak.
10. Nihoyat, Dovud olamdan o‘tib, Dovud qal’asida ota–bobolari yoniga dafn qilindi.
11. Dovud Isroilda qirq yil shohlik qildi: shundan yetti yili Xevronda, o‘ttiz uch yili Quddusda o‘tdi.
12. Shunday qilib, Sulaymon otasi Dovud o‘rniga taxtga o‘tirdi. Uning shohligi mustahkam bo‘ldi.
13. Xaggitdan tug‘ilgan Odoniyo Sulaymonning onasi Botsheva huzuriga keldi. — Tinchlikmi, bu yerga yaxshilik bilan keldingmi? — deb so‘radi Botsheva. — Ha, yaxshilik bilan, — dedi Odoniyo.
14. — Sizda gapim bor edi. — Gapiraver, — dedi Botsheva.
15. Odoniyo gap boshladi: — Yaxshi bilasiz, men shoh bo‘lishim kerak edi. Butun Isroil xalqi menga, bo‘lajak shoh, deb ko‘z tikib turgan edi. Lekin shohlik qo‘ldan ketdi, Egamizning xohishi bilan ukamga nasib qilgan ekan.
16. Endi sizdan bir o‘tinchim bor, faqat yo‘q demang. — Gapir, — dedi Botsheva.
17. — Iltimosim shuki, — dedi Odoniyo, — shoh Sulaymon bilan gaplashsangiz, Shunamlik Obishani menga xotinlikka bersa. Siz aytsangiz, yo‘q demaydi.
18. — Yaxshi, men shohga sen to‘g‘ringda aytib ko‘ray–chi, — dedi Botsheva.
19. Botsheva, Odoniyo haqida gaplashay, deb shoh Sulaymon huzuriga ketdi. Shoh unga peshvoz chiqib, ta’zim qildi, keyin yana taxtiga o‘tirdi. Shohning onasi uchun ham taxt qo‘yib berishdi. Botsheva shohning o‘ng tomoniga o‘tirdi.
20. — Senga bitta kichkina iltimosim bor, qaytarmagin, — dedi Botsheva. — So‘rang, onajon, tilagingiz bajo bo‘lur, — dedi shoh.
21. — Shunamlik Obishani akang Odoniyoga xotinlikka bersang, — dedi Botsheva.
22. Sulaymon kinoyali ohangda onasiga dedi: — Nimaga Odoniyo uchun siz faqat Shunamlik Obishani so‘rayapsiz? Odoniyo akam bo‘lgandan keyin, u uchun shohlikni ham so‘rayvering. Axir, ruhoniy Abuatar, Zeruya o‘g‘li Yo‘ab uning tarafini olishlarini bilasiz–ku!
23. Shoh Sulaymon Egamiz nomi bilan ont ichib, shunday dedi: — Agar Odoniyoni shu gapi uchun o‘ldirmasam, Xudo meni har qanday jazoga mubtalo qilsin, undan ham battarrog‘iga duchor qilsin.
24. Otam Dovudning taxtiga meni o‘tqazib, kuch–qudratimni oshirgan va O‘zi aytganiday, mening sulolamni yaratgan Xudo shohid! Odoniyo shu bugunoq o‘ldiriladi!
25. Shoh Sulaymon Binayoni jo‘natdi. Binayo Odoniyoni o‘ldirdi.
26. Ruhoniy Abuatarga esa Sulaymon shu gaplarni aytdi: — Sen Onoto‘tga — o‘zingning yeringga jo‘nab qol! Sen aslida o‘limga loyiqsan! Lekin sen otam Dovudning oldida Egamiz Rabbiyning sandig‘ini olib borgan eding, otam bilan birga har narsaga bardosh bergan eding. Shuning uchun hozir seni o‘ldirmayman!
27. Sulaymon Abuatarni Egamizning ruhoniyligidan mahrum qildi. Shunday qilib, Egamizning Shilo‘da Elax xonadoni haqida aytgan so‘zlari bajo bo‘ldi.
28. Bu xabarni Yo‘ab ham eshitdi. Absalomga ergashmagan bo‘lsa ham, Odoniyo isyon ko‘targanda, Yo‘ab qo‘shilgan edi. Odoniyoning o‘limi haqida eshitgan Yo‘ab Egamizning chodiriga qochib bordi va qurbongohning burchagidan ushlab oldi.
29. “Yo‘ab Egamizning chodiriga qochib ketibdi, qurbongoh yonida ekan”, degan xabarni Sulaymonga yetkazishdi. Sulaymon o‘sha zahoti Binayoni jo‘natib “Bor, uni o‘ldirib kel”, deb buyurdi.
30. Binayo Egamizning chodiriga kelib, Yo‘abga: “Shohimiz seni, chodirdan chiqsin, deyaptilar”, deb xabar berdi. Yo‘ab esa: “Yo‘q, men shu yerda o‘lishni istayman”, deb javob qildi. Binayo: “Yo‘ab menga shunday–shunday dedi”, deb shohga yetkazdi.
31. Shoh Binayoga: — U nima degan bo‘lsa, aytganini qil, — dedi, — uni o‘ldirib, dafn qil, toki Yo‘ab to‘kkan begunoh qonlarning javobgarligi mening va otam xonadonining gardanimizda qolmasin.
32. Egamiz uning qonini o‘zining boshiga yetkazsin. U otam Dovudga bildirmasdan, ikkita solih, o‘ziga qaraganda yaxshi insonni o‘ldirgan edi. Ulardan biri Isroil lashkarboshisi, Nar o‘g‘li Abnur, ikkinchisi esa Yahudo lashkarboshisi Eter o‘g‘li Emosa edi.
33. Ikkovining qoni to abad Yo‘abning gardanida, uning nasli gardanida qolsin. Egamiz Dovudni, uning naslini, xonadonini va toj–taxtini to abad salomat qilsin!
34. So‘ng Binayo borib, Yo‘abni ham o‘ldirdi. Yo‘ab cho‘l yaqinidagi o‘z uyida dafn qilindi.
35. Shoh Sulaymon Yo‘abning o‘rniga Binayoni lashkarboshi, Abuatarning o‘rniga Zodo‘xni ruhoniy qilib tayinladi.
36. Shundan so‘ng shoh odam yuborib, Shimaxni chaqirtirib keldi va unga shunday dedi: — Quddusda o‘zingga bir uy qur va o‘sha yerda o‘tir. U yerdan hech qayerga chiqma.
37. Shuni bilib qo‘yki, o‘sha yerdan chiqib, Qidron soyligidan o‘tgan kuningoq o‘liming muqarrardir. O‘zingning boshingni o‘zing yeysan.
38. — Xo‘p bo‘ladi, shoh hazratlari, gapingiz to‘g‘ri, — dedi Shimax shohga. — Nima buyursalar, men, qulingiz, bajo aylarman. Shunday qilib, Shimax uzoq vaqt Quddusda yashab qoldi.
39. Lekin oradan uch yil o‘tib, bir voqea yuz berdi: Shimaxning ikki quli Gat shohi Oxishning yoniga qochib ketdi. Shoh Oxish Maxo deganning o‘g‘li edi. Shimaxga: “Qullaring Gatda ekan”, deb xabar berdilar.
40. Shimax eshagini egarladi va qullarini izlab Gatga — Oxish huzuriga yo‘l oldi. U yerga borib, qullarini qaytarib olib keldi.
41. Shundan keyin Sulaymonga “Shimax Quddusdan Gatga borib, yana qaytib kelibdi”, deb xabar berdilar.
42. Shoh Shimaxni chaqirtirib kelib, unga shunday dedi: — Senga: “Bilib qo‘y, Quddusdan chiqib, biror yerga borgan kuningoq o‘lishing muqarrar”, deb Egamiz nomi bilan ont ichdirib, qattiq ogohlantirmaganmidim?! Sen esa: “Xo‘p bo‘ladi! Gapingiz to‘g‘ri” degan eding.
43. Nega Egamizga ichgan ontingga va mening amrimga itoat qilmading?
44. Shoh yana Shimaxga aytdi: — Otam Dovudga qilgan yomonliklaringni o‘zing bilasan, yuragingda muhrlanib qolgan. Qilgan yomonliklaring uchun senga Egamizdan qaytsin!
45. Shoh Sulaymon esa Egamizning marhamatidan bahramand bo‘lsin, Dovudning toj– taxti Egamizning oldida to abad mustahkam tursin!
46. So‘ng shoh Sulaymon Binayoga amr berdi, u chiqdi–yu, Shimaxni o‘ldirdi. Shunday qilib, Sulaymonning shohligi xavf–xatardan xoli bo‘lib, mustahkamlandi.
1. Sulaymon Misr shohi — Fir’avnning qizlaridan biriga uylanib, Fir’avn bilan aloqasini mustahkamladi, xotinini esa Quddusdagi Dovud qal’asiga olib keldi. U o‘z saroyini, Egamizning uyini va Quddus atrofidagi devorni bitirgunga qadar, xotini o‘sha yerda yashadi.
2. Xalq hali ham turli joylardagi sajdagohlarda qurbonlik qilib yurardi, chunki o‘sha kunlargacha Egamizga atab bir uy qurilmagan edi.
3. Sulaymon Egamizni sevardi, shuning uchun otasi Dovudning ko‘rsatmalari bo‘yicha yurardi. Lekin u ham sajdagohlarda qurbonlik qilar va tutatqi tutatardi.
4. Shoh qurbonlik qilish uchun Givonga ketdi. Chunki eng asosiy sajdagoh o‘sha yerda edi. Sulaymon ilgari ham o‘sha qurbongohda minglab kuydiriladigan qurbonliklar keltirgan edi.
5. Sulaymon Givonda kechasi tush ko‘rdi. Tushida Egamiz zohir bo‘ldi. Xudo unga: — Tila tilagingni! — dedi.
6. Sulaymon aytdi: — Ey, Xudoyim! Otam Dovud Sening quling edi. Otam Senga sodiq bo‘lib, solihlik bilan, to‘g‘ri ko‘ngil bilan yurgani uchun, unga ulug‘ sevgingni ko‘rsatding. Otamga marhamat qilib, bugun uning taxtiga o‘tirmog‘i uchun unga bir o‘g‘il ato etding.
7. Endi ey, Egam Xudo, bu qulingni otam Dovud o‘rniga shoh qilding. Men esa bir yosh boladayman, ko‘p narsaga aqlim yetmaydi, nima qilishimni ham bilmayman.
8. Endi men, quling, O‘zing saylab olgan xalqni boshqarishim lozim. Ko‘pligidan bu xalqni hisoblab chiqishning imkoni ham yo‘q.
9. Endi xalqingga shohlik qilishim uchun menga aql–idrok berginki, yaxshilik bilan yomonlikning farqiga borayin. Binobarin, Sening shu qadar behisob xalqingga kim hukmronlik qila olar?!
10. Sulaymon so‘ragan narsalar Rabbiyga ma’qul bo‘ldi.
11. So‘ng Xudo unga dedi: — Sen o‘zing uchun uzoq umr so‘ramading, o‘zing uchun boylik istamading, dushmanlaringning jonini so‘ramading. Aksincha, to‘g‘ri hukm etmoq uchun o‘zing uchun aql–idrok so‘rading.
12. O‘zingning so‘raganingga ko‘ra, senga donishmandlik va aql–idrok ato qilaman. Sendan avval o‘zingga o‘xshagani dunyoga kelmagan edi, bundan so‘ng ham senga o‘xshagani dunyoga kelmas.
13. Yana o‘zing so‘ramagan narsalarni — boylik va obro‘ni ham beraman: umring bo‘yi shohlar orasida senga teng keladigani bo‘lmas.
14. Sen ham farmonlarimga, amrlarimga rioya qilib, otang Dovud yurgani singari, Mening yo‘llarimdan yursang, umringni yanada uzaytiraman.
15. Sulaymon uyg‘onib ketdi, hammasi tush edi. Shundan keyin u Quddusga keldi va Egamizning ahd sandig‘i oldida turib, kuydiriladigan qurbonliklar va tinchlik qurbonliklari qildi, hamma a’yonlariga ziyofat berdi.
16. Bir kuni ikkita fohisha xotin shohning huzuriga kelib, uning oldiga kirishdi.
17. Xotinlardan biri gap boshladi: — Hazrati oliylari! Men mana bu ayol bilan bir uyda yashayman. U bilan uyda qolganimda, mening ko‘zim yoridi.
18. Mening ko‘zim yorigandan so‘ng uchinchi kuni bu ayol ham farzand ko‘rdi. Xullas, biz birga edik. Uyda faqat ikkovimiz, boshqa odam yo‘q edi.
19. Manavi xotin kechasi bolasini bosib olgan ekan, bolasi o‘lib qolibdi.
20. Yarim kechasi turib, bu cho‘ringiz uxlab yotganda, o‘g‘limni bag‘rimdan olib, o‘zining yoniga qo‘yibdi. Nobud bo‘lgan bolasini esa mening yonimga yotqizib qo‘yibdi.
21. Bolamni emizish uchun saharda tursam, u jonsiz yotgan ekan. Faqat ertalab unga qarab, mening o‘g‘lim emasligini bildim.
22. Ikkinchi xotin esa: — Yo‘q, tirigi — mening o‘g‘lim, o‘lgan bola — seniki! — dedi. Birinchisi esa: — Yo‘q, o‘lgan bola — seniki, tirigi — meniki! — dedi. Shunday qilib, ular shoh huzurida mojaro qilishdi.
23. Nihoyat, shoh dedi: — Biringiz: “Tirigi — mening o‘g‘lim, nobud bo‘lgani — seniki”, deyapsiz. Ikkinchingiz esa: “Yo‘q, nobud bo‘lgani — seniki, tirigi — meniki”, deyapsiz.
24. Shundan keyin shoh: — Menga bir qilich olib kelinglar! — deb buyurdi. Shohga qilich olib kelishdi.
25. — Tirik bolani ikkiga bo‘linglar. Yarmini bittasiga, yarmini esa ikkinchisiga beringlar! — deb farmon berdi.
26. Shu zahoti bolasi tirik qolgan ayol shohga dedi: — Hazrati oliylari! Tirik qolgan bolani manavi ayolga beravering! Uni o‘ldirmasangiz bo‘ldi! Bu ayolning farzandi uchun yuragi yonardi. Narigisi esa: — Menga ham bo‘lmasin, senga ham, ikkiga bo‘laveringlar! — dedi.
27. Shu onda shoh: — To‘xtanglar, bolani o‘ldirmanglar! — dedi. — Bolani rahmdil ayolga beringlar, onasi o‘shadir.
28. Shoh chiqargan bu hukmni butun Isroil xalqi eshitdi. Shundan keyin shohdan hayiqadigan bo‘ldilar, chunki e’tibor bersalar, adolatli hukm qilish uchun Xudo unga donishmandlik ato qilgan ekan.
1. Sulaymon butun Isroilning shohi edi.
2. Uning qo‘l ostidagi a’yonlar quyidagilar edi: Zodo‘x o‘g‘li Ozariyo — ruhoniy,
3. Shishoning o‘g‘illari Elixorut va Oxiyo — kotib, Oxilud o‘g‘li Yohushafat — tarixnavis,
4. Yohayido o‘g‘li Binayo — lashkarboshi, Zodo‘x bilan Abuatar — ruhoniy,
5. Natan o‘g‘li Ozariyo — hokimlarning nazoratchisi, Natan o‘g‘li Zabud — ruhoniy va shohning maslahatchisi,
6. Oxisar — saroy boshqaruvchisi, Abdax o‘g‘li Odoniram — qarollarning boshlig‘i edi.
7. Sulaymonning o‘n ikkita hokimi bo‘lib, ular Isroil hududlarini boshqarar, shohni va shoh xonadonini oziq–ovqat bilan ta’minlardilar. Har bittasi yiliga bir oy davomida shoh xonadoniga oziq–ovqat yetkazib berishi shart edi.
8. Ularning ismlari quyidagicha edi: Efrayim qirlarida — Banxur,
9. Moxaz, Shalbim, Bayt–Shamash, Elo‘n–Bayt– Xanon degan shaharlarda — Bandaxor,
10. Arbo‘t va So‘xo‘ shaharlarida, butun Xafer o‘lkasida — Banxesed,
11. Butun Nafo‘t–Do‘r degan joyda — Banabunadov (Sulaymonning qizi To‘fat Banabunadovning xotini edi),
12. Tanax va Maxido‘ shaharlarida, butun Bayt– Shan hududida — Oxilud o‘g‘li Bano (bu joy Yizril etagidagi Zoraton shahridan Ovil–Maxla shahrigacha va Yoxmayom shahrining narigi tomoniga qadar bo‘lgan yerlardir),
13. Giladdagi Ramo‘t shahrida — Bangeber, shuningdek, Manashe o‘g‘li Yovir urug‘iga qarashli Gilad o‘lkasidagi qishloqlar, Bashan o‘lkasidagi Argob hududi, devor bilan o‘ralgan va darvozasi bronza tamba bilan mustahkamlangan oltmishta katta shahar ham unga qarardi.
14. Moxanayim yerlarida — Iddo o‘g‘li Oxinadov,
15. Naftali hududida — Oximas (u Sulaymonning qizi Bosimatga uylangan edi),
16. Osher hududida va Bolo‘t shahrida — Xushay o‘g‘li Bano,
17. Issaxor yerlarida — Paruvax o‘g‘li Yohushafat,
18. Benyamin yerlarida — Ela o‘g‘li Shimax,
19. Gilad o‘lkasida — Uri o‘g‘li Geber. Bu yurtda Sixo‘n — Amor xalqining shohi, O‘g — Bashan shohi bo‘lgan edi. Yahudo yurtining o‘z hukmdori bor edi.
20. Yahudo va Isroil xalqi shu qadar ko‘p ediki, go‘yo dengiz qirg‘og‘idagi qumni eslatardi. Ular yeb–ichib, xursandchilik bilan yashashardi.
21. Sulaymon Furot daryosidan Filistlar yeriga va Misr chegaralariga qadar bo‘lgan hamma o‘lkalarda shohlik qilardi. Bu o‘lkalardagi xalqlar Sulaymonga o‘lpon to‘lab, umr bo‘yi unga tobe bo‘ldilar.
22. Sulaymon xonadonining bir kunlik ozig‘i quyidagicha edi: 300 tog‘ora sifatli un va 600 tog‘ora kepakli un,
23. og‘ilxonada boqilgan semiz moldan 10ta va yaylovda boqilgan buqadan 20ta mol, 100ta qo‘y, bulardan tashqari, bug‘ular, kiyiklar, ohular, semiz parrandalar.
24. Furot daryosining g‘arbidagi Tifsaxdan G‘azo shahriga qadar bo‘lgan o‘lkalarda, daryoning g‘arb tomonidagi hamma shohlar ustidan Sulaymon hukmron edi. Atrofdagi hamma yurtlar bilan aloqasi yaxshi edi.
25. Sulaymon hayotligida Dandan Bershevaga qadar bo‘lgan Yahudo va Isroil yurtidagi har bir odam o‘z uzumzorida, o‘z anjir daraxti ostida tinchgina umr kechirardi.
26. Sulaymonning otxonalarida jang aravalari uchun to‘rt ming oti, o‘n ikki ming uchqur otlari bor edi.
27. O‘sha o‘n ikki hokimning har biri shoh Sulaymonni, shoh Sulaymonning dasturxonidan taom yeydiganlarning hammasini belgilangan oyda oziq–ovqat bilan ta’minlardi, birorta ham kamchilikka yo‘l qo‘yishmasdi.
28. Har biri o‘zining navbati kelganda shoh tayinlagan yerga jang aravalarining otlari va boshqa otlar uchun arpa, somon ham olib kelishardi.
29. Shunday qilib, Xudo Sulaymonga dengiz qirg‘og‘idagi qum kabi cheksiz–chegarasiz donolik, idrok, tengsiz aql berdi.
30. Sulaymonning donoligi butun sharq xalqlarining donoligidan, butun Misr xalqining donoligidan ham ortiq edi.
31. U hamma insonlardan, Zerax urug‘idan bo‘lgan Etxandan, Moxul o‘g‘illari Xaman, Qolko‘l, Dardaxdan ham dono edi. Atrofdagi hamma xalqlar orasida uning dong‘i ketgan edi.
32. U 3000 matal, 1005ta qo‘shiqlar ijro etdi.
33. U Lubnondagi sadr daraxtidan tortib devorda o‘sgan issopgacha, qo‘yingki, jamiki dov–daraxtlar, hayvonlar, qushlar, sudralib yuruvchilar, baliqlar haqida so‘z yuritardi.
34. Dunyodagi hamma shohlar Sulaymonning donoligidan bahramand bo‘lgani uning oldiga odamlarini yuborardi. Hamma xalqlardan odamlar kelib, Sulaymonning dono so‘zlarini eshitardilar.
1. Tir shohi Xiram: “Sulaymonni otasining o‘rniga moy surtib shoh qilib ko‘tarishibdi”, degan xabarni eshitgach, a’yonlarini uning huzuriga jo‘natdi. Xiram Dovudni doimo o‘ziga do‘st deb bilardi.
2. Sulaymon ham Xiram huzuriga a’yonlarini jo‘natib, shu gaplarni aytib yubordi:
3. “Siz bilasizki, otam doimo dushmanlariga qarshi jang qilish bilan band bo‘lib, o‘zining Egasi Xudoga atab bir uy bunyod eta olmadi. Nihoyat, Egam otam Dovudning dushmanlarini uning oyoqlari ostiga tashladi.
4. Egam Xudo endi menga har tarafdan osoyishtalik ato etdi: hozirda na g‘animim bor, na hujum xavfi bor.
5. Egam otam Dovudga: “Sening o‘rningga, sening taxtingga o‘g‘lingni o‘tqazar ekanman, Menga atab uyni u barpo qiladi”, degan edi. Shuning uchun Egam Xudoga atab bir uy qurmoqqa qaror qildim.
6. Endi siz amr bering, Lubnonda menga sadr daraxtlari kesib bersinlar. Mening odamlarim sizning odamlaringiz bilan birga ishlaydilar. Odamlaringizga siz so‘ragan haqni beraman. O‘zingiz bilasiz, daraxt kesishda Sidonlik odamlaringizga teng keladigan ustasi bizning oramizda yo‘q.”
7. Xiram Sulaymon yuborgan xabarni eshitgach, juda xursand bo‘lib, shunday dedi: “O‘sha buyuk xalqni boshqarish uchun Egamiz Dovudga dono bir o‘g‘il ato qilibdi, Egamizga hamdu sanolar bo‘lsin.”
8. Keyin u Sulaymonga shunday xabar jo‘natdi: “Menga aytib yuborgan gaplaringni eshitdim. Sadr va sarv daraxti kesishni so‘ragan ekansan, ehtiyojingni qondiraman.
9. Qarollarim yog‘ochlarni Lubnondan dengizga sudrab keladilar. Qayerni tayin etsang, yog‘ochlardan sol qilib, dengiz sohili bo‘ylab o‘sha yerga keltirib beraman. U yerda sollarni yechdiraman, sen esa olib ketaverasan. Mening ehtiyojimni qondirib, odamlarim uchun oziq–ovqat berasan.”
10. Shunday qilib, Xiram, Sulaymonning ehtiyojiga ko‘ra, sadr va sarv yog‘ochlari berdi.
11. Sulaymon esa, Xiramning odamlari iste’mol qilsin, deb 200.000 tog‘ora bug‘doy va 40.000 ko‘za toza moy berdi. U har yili Xiramga shuncha miqdorda bug‘doy va moy berib turdi.
12. Egamiz esa va’dasiga ko‘ra, Sulaymonga donishmandlik berdi. Xiram bilan Sulaymon o‘rtasida totuvlik paydo bo‘lib, ular o‘zaro sulh tuzdilar.
13. Shoh Sulaymon butun Isroildan 30.000 qarolni majburlab oldi.
14. Navbati bilan oyiga 10.000tasini Lubnonga jo‘natib turdi. Ular bir oy Lubnonda, ikki oy uyda bo‘lishardi. Bu qarollarga Odoniram boshchilik qilardi.
15. Yana Sulaymonning og‘ir yuk tashuvchi 70.000, qirlarda tosh kesadigan 80.000 odami bor edi.
16. Bulardan tashqari, qarollarni nazorat qiladigan, ishning boshida turadigan 3300ta nazoratchi ham bor edi.
17. Sulaymon amr bergach, ular Egamizning uyi poydevorini taroshlangan toshdan barpo qilish uchun yirik marmar toshlarni kesdilar.
18. Sulaymonning odamlari, Xiramning odamlari, Gabolliklar toshlarni yo‘ndilar, nihoyat, Egamizning uyini qurish uchun daraxt va toshlarni hozirlab bo‘ldilar.
1. Isroil xalqi Misr yurtidan chiqqanlariga 480 yil bo‘lganda, Sulaymon Isroil taxtiga o‘tirganiga to‘rt yil bo‘lgan edi. U o‘sha yilning ikkinchi oyida — Ziv oyida Egamizning uyini barpo qilishni boshladi.
2. Shoh Sulaymon Egamiz uchun qurayotgan uyning uzunligi 60 tirsak, eniga 20 tirsak, balandligi 30 tirsak edi.
3. Egamiz uyining asosiy xonasi oldida ayvon bo‘lib, ayvonning uzunligi asosiy xonaning eni bilan bir o‘lchovda — 20 tirsak, eni 10 tirsak edi.
4. Uyga panjarali derazalar ham yasattirdi.
5. Uyning tashqaridagi devorining yoniga va orqasiga uch qavatli yon xonalar qurdirdi.
6. Birinchi qavatning kengligi 5 tirsak, ikkinchi qavatning kengligi 6 tirsak, uchinchi qavatning kengligi 7 tirsak edi. Sulaymon uyning devorlarini, yon xonalarning hajmiga moslab, zinapoya shaklida qurdirdi. Shu sababdan yon xonalar uyning devoriga taqalmagan edi.
7. Uy qurilishi uchun toshlardan foydalanildi. Toshlar konning o‘zida yo‘nib tayyorlandi. Shu sababdan uy qurilayotganda, na bolg‘a, na bolta, na biror temir asbob ovozi eshitildi.
8. O‘rta qavatdagi yon xonaning eshigi uyning janub tomonida edi: aylanma zinapoya orqali o‘rta qavatga, o‘rta qavatdan esa uchinchisiga chiqilardi.
9. Shunday qilib, Sulaymon uyning devorlarini qurib bitkazdi. So‘ng uyning tomini sadr daraxtidan qilingan to‘sinlar va taxtalar bilan yopdi.
10. Uyning aylanasi bo‘ylab qurilgan yon xonalarning har bir qavatining balandligi 5 tirsak edi. To‘sinlar yon xonalar bilan uyning devorini bog‘lab turardi.
11. Egamiz Sulaymonga shu so‘zlarni ayon qildi:
12. — Mana, sen uyni quryapsan. Agar Mening farmonlarimga ko‘ra yursang, qonun–qoidalarimga rioya etsang, hamma amrlarimga itoat qilsang, o‘shanda otang Dovudga bergan va’dalarimni sen orqali bajaraman.
13. Har doim Isroil xalqi orasidan maskan qilaman, xalqim Isroilni aslo tark etmayman.
14. Shunday qilib, Sulaymon Xudoning uyini qurib bo‘ldi.
15. Sulaymon Egamiz uyining devori ichkarisini yerdan shiftiga qadar sadr yog‘ochidan qilingan taxta bilan qoplatdi. Polini sarv yog‘ochi taxtasidan qildi.
16. Ichki xona uyning ichkarisiga qurilgan bo‘lib, yerdan shiftiga qadar sadr yog‘ochi bilan ajratilgan edi. Bu xona Eng muqaddas xona, deb ataldi. Bu xonaning bo‘yi 20 tirsak chiqardi.
17. Uyning asosiy xonasi 40 tirsak bo‘lib, Eng muqaddas xonaning old tomonida edi.
18. Uyning ichkarisi sadr taxtalari bilan qoplanib, taxtalarga qovoq va ochilib turgan gullar surati shunday o‘yilgan ediki, devor toshlari ko‘rinmas edi.
19. Eng muqaddas xona Egamizning ahd sandig‘ini qo‘yish uchun hozirlangan edi.
20. O‘sha xonaning uzunligi ichki tarafdan 20 tirsak, kengligi 20 tirsak, balandligi ham 20 tirsak edi. Sulaymon bu xonani toza oltin bilan qoplatdi. Sadr yog‘ochidan yasalgan tutatqi qurbongohini ham oltin bilan qoplatdi.
21. Sulaymon uyning asosiy xonasini ham oltin bilan qoplatdi. Oltin bilan qoplangan Eng muqaddas xonaning old tomoniga oltin zanjirlar torttirdi.
22. Shunday qilib, Sulaymon uyning hamma joyini boshdan oxirigacha oltin bilan qoplatdi. Eng muqaddas xonaning kiraverishidagi tutatqi qurbongohini ham tamomila oltin bilan qopladi.
23. So‘ng Eng muqaddas xonaga qo‘yish uchun zaytun daraxti yog‘ochidan ikkita karub yasattirdi. Karublarning balandligi 10 tirsak edi.
24. Karublarning qanotlari 5 tirsakdan edi. Qanotlarning u uchidan bu uchigacha hammasi bo‘lib 10 tirsak chiqardi.
25. Har ikkala karubning shakli, hajmi bir edi.
26. Har bir karubning balandligi 10 tirsak edi.
27. Sulaymon karublarni Eng muqaddas xonaga yonma–yon qo‘ydi. Karublarning qanotlari cho‘zilib ketgan, birining qanoti bir devorga, ikkinchisining qanoti esa narigi devorga tegib turardi. Uyning o‘rtasida esa ikkovining qanotlari bir–biriga tutashardi.
28. Sulaymon karublarni ham toza oltin bilan qoplatdi.
29. Ikkala xonaning devoriga gir aylanasi bo‘ylab karublar, palma daraxtlari, ochilib turgan gullarning suratini o‘ydirdi.
30. Bu xonalarning polini ham oltin bilan qoplatdi.
31. Eng muqaddas xonaning kirish joyiga zaytun yog‘ochidan ikki tavaqali eshik yasattirdi. Eshikning kesakisi besh qirrali edi.
32. Zaytun yog‘ochidan yasalgan ikki tavaqali eshikka karublar, palma daraxtlari, ochilib turgan gullar suratini o‘ydirdi, so‘ng eshik ustini, karublar va palma daraxtlari suratini ham oltin bilan qoplatdi.
33. Asosiy xonaning kiraverishidagi to‘rt burchakli kesakini zaytun yog‘ochidan,
34. ikkita eshikni sarv daraxti yog‘ochidan yasadi. Eshiklarning har biri ikki tavaqali, yig‘ma edi.
35. Eshiklarning yuzasiga ham karublar, palma daraxti, ochilib turgan gullar suratini o‘ydirib, ularni oltin bilan bir tekis qilib qoplatdi.
36. Ichki hovli devorlarining uch qatorini taroshlangan toshdan, bir qatorini sadr yog‘ochidan qildi.
37. Egamiz uyining poydevori Sulaymon hukmronligining to‘rtinchi yilida — Ziv oyida qo‘yilib,
38. o‘n birinchi yilning sakkizinchi oyida — Bul oyida loyihaga binoan batamom, hamma ikir–chikirigacha qurib bitkazildi. Shunday qilib, Sulaymon uyni yetti yil davomida bunyod qildi.
1. Sulaymon o‘ziga ham saroy qurdi. U o‘z saroyini o‘n uch yilda qurib bitkazdi.
2. U dastlab saroydagi “Lubnon o‘rmoni” degan uyini qurdi. Uyning uzunligi 100 tirsak, kengligi 50 tirsak, balandligi 30 tirsak bo‘lib, sadr yog‘ochidan to‘rt qator ustun o‘rnatilgan, ustunlar tepasiga sadr yog‘ochidan qilingan to‘sinlar tashlangan edi.
3. Uyning tomi sadr yog‘ochi bilan qoplangan edi. To‘sinlar qirq beshta bo‘lib, har qatorda o‘n beshtadan edi.
4. Yon devorlardagi derazalar uch qator bo‘lib, bir–biriga ro‘parama– ro‘para edi.
5. Hamma eshiklar va eshiklar kesakisi to‘rt burchakli qilib yasalgan, yon devorlarda uchtadan eshik bo‘lib, bir–biriga ro‘parama–ro‘para edi.
6. Sulaymon saroyning “Ustunli koshona”sini ham qurdi. Koshonaning bo‘yi 50 tirsak, eni 30 tirsak edi. Koshonaning old tomonida ayvon qurdirib, ustun bilan tiradi. Ayvonning tomi yopilgan edi.
7. Yana saroyning taxt turadigan koshonasini qurdirib, tepasidan pastiga qadar sadr yog‘ochi bilan qopladi. Sulaymon bu koshonada o‘tirib, hukm chiqarardi.
8. Bu koshonaning orqa tomonidagi hovlida Sulaymon yashaydigan uy bor edi. Bu uy ham ayni shu tarzda qurilgan edi. Sulaymon xotini — fir’avnning qizi uchun ham xuddi shu koshona kabi bir uy qurib berdi.
9. Binolar poydevoridan tomigacha marmar toshlardan qilingan edi. Marmar toshlarning old va orqa tomoni arralab taroshlangan, belgilangan o‘lchovga ko‘ra tayyorlangan edi. Hovlining devorlari ham shu tarzda qurilgan edi.
10. Poydevorning marmar toshlari yirik, 8 tirsakli, 10 tirsakli edi.
11. Devori ham marmar toshlardan qurilgan edi. Toshlar belgilangan o‘lchovga ko‘ra tayyorlanib, taroshlangan edi. Devor qurilishida sadr yog‘ochidan ham foydalanildi.
12. Katta hovlining chor atrofi devor bilan o‘ralgan bo‘lib, uch qator taroshlangan tosh va bir qator sadr yog‘ochidan qilingan edi. Egamiz uyining ichki hovlisi bilan ayvoni devorlari ham shunday qilingan edi.
13. Shoh Sulaymon Tir shahridan Xurom degan bir odamni chaqirtirib keldi.
14. U Naftali qabilasidan bir beva ayolning o‘g‘li edi. Otasi Tir shahridan bo‘lib, misgar o‘tgan edi. Xurom bor iste’dodi, mahorati va aqlini ishga solib, bronzadan turli buyumlar yasashni o‘rganib olgan edi. U Sulaymon huzuriga kelgach, hamma ishlarni bajarib berdi.
15. Xurom bronzadan ikkita ustun yasadi, har bir ustunning balandligi 18 tirsak, tevaragi 12 tirsak chiqardi.
16. Bronzani eritib yana ikkita ustunqosh yasadi, bu ustunqoshlar ustunlarning tepasiga qo‘yish uchun kerak edi. Ustunqoshlarning balandligi 5 tirsak edi.
17. Ustunqoshlarning har biri yettita to‘rsimon bezaklaru to‘qilgan zanjirlar bilan bezatilgan edi.
18. Ustunqoshlarni qoplash uchun har bir to‘rsimon naqsh atrofidan aylanasiga ikki qator qilib anor surati solingan edi.
19. Har bir ustunning ikkinchi ustunqoshi ham bor edi. Ularning balandligi 4 tirsak bo‘lib, lolagul shaklida edi.
20. Ustunqoshning bo‘rtiq joylariga to‘rsimon bezaklar solingan bo‘lib, bezaklarning tepasi va pastiga aylantirib, 200ta anor surati solingan edi.
21. Xurom ustunlarni uyning ayvoniga o‘rnatdi: janub tomoniga o‘rnatilgan ustunga Yoxin deb, shimol tomoniga o‘rnatilgan ustunga Bo‘az deb nom berdi.
22. Ustunlarning tepasi lolagul shaklida edi. Shunday qilib, ustunlar tayyor bo‘ldi.
23. Keyin Xurom bronzani eritib dumaloq shaklda hovuz yasadi. Hovuzning bir qirg‘og‘idan narigi qirg‘og‘igacha 10 tirsak, balandligi esa 5 tirsak edi. Aylanasi 30 tirsak edi.
24. Hovuzning tashqi tomonida, qirg‘og‘i ostida aylanasiga ikki qator qovoqsimon bo‘rtiq bor edi. Har bir tirsak masofada o‘ntadan shunday shakl qilingan edi. Bronza eritilib, hovuz yasalayotgan paytda, bu qovoqsimon bo‘rtiqlar ham qilingan edi.
25. Hovuz bronzadan qilingan o‘n ikkita buqa ustiga o‘rnashtirilgan edi. Buqalarning uchtasi shimolga, uchtasi g‘arbga, uchtasi janubga va uchtasi sharqqa qaratilgan edi. Buqalarning orqa tomoni hovuzning ichkarisiga qaratilgan edi.
26. Hovuzning qalinligi to‘rt enli bo‘lib, chetlari kosaning chetlariga o‘xshar, shakli lolagulga o‘xshardi. Unga 4000 ko‘za suv sig‘ardi.
27. So‘ng Xurom bronzadan o‘nta arava yasadi. Har bir aravaning uzunligi 4 tirsak, kengligi ham 4 tirsak, balandligi 3 tirsak edi.
28. -
29. Aravalarning tuzilishi quyidagicha edi: aravalarning to‘rtala tomonida bronzadan yasalgan to‘siqlar bo‘lib, bu to‘siqlarga arslon, buqa va karublarning surati solingan edi. Har bir to‘siqning to‘rt tomoniga bo‘rtiq shaklda gulchambarlar ishlangan edi.
30. Har bir aravaning to‘rtta bronza g‘ildiragi va o‘qlari bor edi. Aravaning har to‘rtala burchagida ham tog‘orani ushlab turadigan tirgovuchlar bor edi. Har bir quyma tirgovuchning yonboshida gulchambarlar yasalgan edi.
31. Aravaning tepasida dumaloq shaklda chambarak bo‘lib, aravadan bir tirsak yuqori chiqib turardi. Chambarak ko‘ndalangiga bir yarim tirsak edi. Chambarak og‘zi ham aylanasiga suratlar bilan bezatilgan edi. Aravalarning to‘siqlari esa to‘rtburchak shaklda edi.
32. Aravalarning to‘rtala g‘ildiragi yon to‘siqlarning ostida edi. G‘ildiraklarning o‘qlari aravaga mahkamlangan, har bir g‘ildirakning balandligi bir yarim tirsak edi.
33. G‘ildiraklarning tuzilishi jang aravasi g‘ildiragining tuzilishiga o‘xshardi: g‘ildiraklarning o‘qlari, to‘g‘ini, kegaylari, gupchaklari quyma edi.
34. Har bir aravaning to‘rt burchagida to‘rtta kashak bor edi. Kashaklar aravaga mahkamlangan edi.
35. Aravaning yuqorisidan yarim tirsak balandlikda dumaloq halqa bor edi. Aravaning yuqorisidan tirgovuch va yon to‘siqlari birga qo‘yilgan edi.
36. Shunday qilib, Xurom har bir tirgovuchning va yon to‘siqlarning yuzasiga karublar, arslonlar, palma daraxtlari va gulchambarlar suratini o‘ydi.
37. U o‘nta aravaning hammasini bir xil shakl va hajmda yasadi.
38. Xurom o‘nta aravaning ustiga qo‘yish uchun bronzadan o‘nta tog‘ora yasadi. Har bir tog‘oraga 80 ko‘za suv sig‘ar edi. Har bir tog‘ora ko‘ndalangiga 4 tirsak chiqardi. Har bir aravaga bittadan tog‘ora edi.
39. Aravaning beshtasini Egamiz uyining janub tomoniga, beshtasini shimol tomoniga qo‘ydi. Hovuz shaklini esa uyning janubi–sharq tomoniga o‘rnashtirdi.
40. Xurom qozonlar, kurakchalar va tog‘orachalar ham yasadi. Xurom shoh Sulaymon uchun Egamizning uyiga oid quyidagi ashyolarni yasab berdi:
41. ikkita ustun, ustunlarning tepasidagi ikkita doira shaklidagi ustunqosh, ustunqoshni o‘rab turgan ikkita to‘rsimon bezak,
42. ikkala bezakning yonlarida to‘rt yuzta anor surati, ya’ni ustunlar tepasida doira shaklidagi ikkita ustunqoshni qoplab turish uchun har bir to‘rsimon bezakning ikkala chekkasidagi anor suratlari,
43. o‘nta arava, aravaning ustidagi o‘nta tog‘ora,
44. bitta hovuz, hovuz ostidagi o‘n ikki buqa shakli,
45. qozonlar, kuraklar, tog‘orachalar. Xurom shoh Sulaymon uchun Egamizning uyiga oid ana shu ashyolarni sayqal bronzadan yasab berdi.
46. Shoh bu narsalarni Iordan vodiysi atroflarida — Suxo‘t va Zoraton orasida loydan yasalgan qoliplarda quydirdi.
47. Buyumlar g‘oyat ko‘pligidan Sulaymon bronzani o‘lchamasdan ishlataverdi. Shuning uchun ishlatilgan bronzaning hisobi aniqlanmadi.
48. Sulaymon Egamizning uyi uchun quyidagi hamma buyumlarni ham yasattirdi: oltindan yasalgan tutatqi qurbongohi, ustida muqaddas nonlar turadigan oltin xontaxta,
49. o‘nta toza oltindan ishlangan chiroqpoyalar (bu chiroqpoyalar Eng muqaddas xonaning oldida bo‘lib, beshtasi janub tomonda, beshtasi shimol tomonda turardi), yana oltindan gullar, moychiroqlar, qisqichlar,
50. toza oltindan tog‘oralar, qaychilar, tog‘orachalar, kurakchalar va olovkuraklar, Eng muqaddas xona eshigining oshiq–moshig‘i, asosiy xonaning eshiklari oshiq–moshig‘i.
51. Shunday qilib, shoh Sulaymon Egamizning uyiga oid ishlarni bitirdi. Sulaymon otasi Dovud nazr qilgan narsalarni, kumush, oltin va turli buyumlarni olib keldi. Ularni Egamiz uyining xazinasiga qo‘ydi.
1. Shundan so‘ng Sulaymon Isroil oqsoqollarini, hamma qabila yo‘lboshchilarini, Isroil xalqi urug‘boshilarini Quddus shahriga to‘pladi. U Egamizningahd sandig‘iniDovud qal’asidan — SiondanEgamizning uyiga olib kelmoqchi edi.
2. Ularning hammasi yettinchi oyda — Yetanim oyidagi Chayla bayrami kuni shoh Sulaymonning huzuriga yig‘ilishdi.
3. Isroil oqsoqollarining hammasi kelgach, ruhoniylarsandiqni yerdan ko‘tarishdi.
4. Ruhoniylar va levilarEgamizning sandig‘i bilan birga, Uchrashuv chodirini, chodirdagi barcha muqaddas buyumlarni Egamizning uyiga olib kelishdi.
5. Shoh Sulaymon va to‘plangan butun Isroil jamoasi sandiqning oldida qo‘ylar, mollar so‘yib, qurbonlik qilishdi. Qurbonlik qilingan qo‘y va mollar shu qadar ko‘p ediki, hisobiga yetib bo‘lmasdi.
6. Ruhoniylar Egamizning ahd sandig‘ini unga atalgan joyga — Eng muqaddas xonaga, karublarning qanotlari ostiga qo‘yishdi.
7. Karublarning qanotlari sandiq usti bo‘ylab cho‘zilgan va sandiq hamda uning xodalarini berkitib turardi.
8. Xodalar shunchalik uzun ediki, ularning uchi Eng muqaddas xonaning shundaygina oldidan ko‘rinib turardi, boshqa joydan esa ko‘rinmasdi. Xodalar bugungacha ham o‘sha yerda turibdi.
9. Sandiqning ichida Muso Sinay tog‘ida qo‘ygan ikkita tosh lavhadan boshqa hech narsa yo‘q edi. Isroil xalqi Misrdan chiqqandan keyin Sinay tog‘ida Egamiz ular bilan ahd tuzgan edi.
10. Ruhoniylar Muqaddas xonadan chiqayotganlarida, Egamizning uyi bulut bilan to‘lib ketdi.
11. Bulut nur sochib, ko‘zni qamashtirardi. Ruhoniylar xizmatni davom ettirish uchun u yerga kirolmay qoldilar, chunki uy Egamizning ulug‘vorligi bilan to‘lgandi.
12. Shunda Sulaymon ibodat qildi: — Ey, Egamiz! Sen, zim–ziyo zulmatda maskan qilarman, degan eding.
13. Mana endi senga ajoyib bir uy, abadiy istiqomat qilishing uchun bir maskan barpo qildim.
14. Keyin shoh orqasiga qayrilib, tik turgan jamiki Isroil jamoasini duo qildi.
15. Shoh dedi: — Isroil xalqining Xudosi — Egamizga hamdu sanolar bo‘lsin. U otam Dovudga bergan va’dasini bajardi.
16. Egamiz otamga shunday degan edi: “Xalqim Isroilni Misrdan olib chiqqan kunimdan beri Men ulug‘lanadigan uy barpo qilish uchun Isroil qabilalarining birorta shaharni tanlamadim, balki xalqim Isroil ustida hukmron bo‘lsin, deb Dovudni tanladim.”
17. Isroil xalqining Xudosi — Egamizga atab bir uy barpo qilmoq otam Dovudning niyati edi.
18. Lekin Egamiz otam Dovudga shunday deb aytdi: “Modomiki, Menga atab bir uy barpo qilmoqni ko‘nglingga tuygan ekansan, yaxshi qilibsan.
19. Biroq Menga atab o‘sha uyni sen emas, balki sening pushti kamaringdan bino bo‘ladigan o‘g‘ling barpo qiladi.”
20. Egamiz va’da bergan edi, bajo ayladi: otam Dovudning o‘rniga taxtga men chiqdim, Egamiz va’da etganiday, Isroil taxtiga o‘tirdim, Isroil xalqining Xudosi — Egamizga atab bir uy bino qildim.
21. O‘sha uyda Ahd sandig‘i uchun ham joy tayyorladim. Egamiz ota–bobolarimizni Misr yurtidan olib chiqqandan keyin, ular bilan qilgan ahd lavhasi shu sandiqning ichida turibdi.
22. Sulaymon Egamizning qurbongohi oldida Isroil jamoasi ro‘parasida qo‘llarini ko‘kka cho‘zganicha dedi:
23. — Ey, Isroil xalqining Xudosi — Egamiz! Na yuqorida — ko‘kda, na quyida — yerda Senga o‘xshashi yo‘q. Senga butun qalbi bilan bog‘lanib, Sen ko‘rsatgan yo‘ldan yuradigan qullaringga Sen ahdingni sodiq saqlaysan.
24. Quling — otam Dovudga Sen O‘z og‘zing bilan bergan va’dalaringni bugun qo‘ling bilan bajo aylading.
25. Ey, Isroil xalqining Xudosi — Egamiz! O‘zingning qulingga — otam Dovudga: “Bolalaring ham senga o‘xshab oldimda o‘ylab qadamini bossalar, sening naslingdan bo‘lgan erkak zoti to abad Isroil taxtida o‘tiradi”, deb va’da bergan eding. Endi bergan va’dangni ado et!
26. Ey, Isroil xalqining Xudosi! Qulingga — otam Dovudga aytganlaring to‘g‘ri chiqsin, deb iltijo etaman.
27. Xudo yer yuzida yasharmidi?! Sen osmonga, hatto falak toqiga ham sig‘massan. Falak toqi oldida men qurgan uy nima bo‘libdi?!
28. Ey, Egam Xudo, iltijo bilan qilgan ibodatimni qabul et! Senga yolvorib qilayotgan iltijolarimga javob ber.
29. Sen: “Men o‘sha yerda ulug‘lanay”, deb aytgan eding. Ko‘zlaring kechayu kunduz o‘sha joyga — o‘sha uyga qadalib tursin. Men, quling o‘sha tomonga qarab ibodat qilaman, ibodatlarimni tingla.
30. Isroil xalqi bilan birga o‘sha tomonga qarab qilgan iltijolarimizga quloq tut. Samolardan — O‘z makonningdan turib quloq sol, eshitginu gunohimizdan o‘t.
31. Kimdir gunohkorlikda ayblansa, o‘sha odam kelib, uying — qurbongohing oldida aybsizman, deb ont ichsa,
32. ey, Egam, samodan turib quloq sol, qullaringni O‘zing hukm et. Gunohkorning qilmishini bo‘yniga qo‘y, jazosini ber. Gunohsizning esa haqligini ko‘rsat, haq bo‘lgani uchun uni ozod qil.
33. Xalqing Isroil Sening oldingda gunoh qilgani uchun yovga mag‘lub bo‘lsa, yana qaytib Seni tan olsa–da, o‘sha uyda Senga yolvorib iltijo qilsa,
34. Sen samodan turib, ularning iltijolariga quloq sol, gunohlaridan o‘t. Otalariga O‘zing bergan yurtga ularni qaytar.
35. Ular Senga qarshi gunoh etganlari uchun osmon berkilib, yomg‘ir yog‘maganda, ular o‘sha uyga qarab, Seni yana tan olib iltijo qilsalar, Sen ularni gunohlari uchun jazolaganingda, tavba qilsalar,
36. qullaring Isroil xalqiga samodan turib quloq sol, ularning gunohidan o‘t. Ularga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsat, toki o‘sha yo‘ldan ketsinlar, keyin xalqingga mulk qilib bergan yerga yomg‘ir yog‘dir.
37. Yurtda ocharchilik yo o‘lat paydo bo‘lsa, garmsel, zang kasali, chigirtka, qurt–qumursqa bossa yoki o‘z yurtida yov qamal qilsa, yoxud kulfat, xastalik boshiga kelsa,
38. har qanday inson yoki xalqing Isroil Senga yolvorib ibodat qilsa, har kim o‘z yuragidagi dardini aytib, bu uy tomonga qo‘llarini cho‘zsa,
39. Sen osmondan — maskaningdan turib quloq sol va ularning gunohidan o‘t. Har birining tutgan yo‘liga qara, xizmatiga yarasha ber,
40. toki Sen O‘zing ota– bobolarimizga bergan yurtda umrlarining oxirigacha Sendan qo‘rqib yashasinlar. Zotan, jamiki inson bolasining ko‘nglidagini yolg‘iz Sen bilasan, xolos.
41. Xalqing Isroildan bo‘lmagan begona odam Seni deb uzoq yurtdan kelib,
42. Sening shuhrating, qudrating va ajoyibotlaring haqida eshitib, o‘sha uyga qarab ibodat qilsa,
43. Sen makoningdan turib quloq sol. O‘sha odamning so‘raganini bajo ayla, toki yer yuzidagi hamma xalqlar Seni bilishsin, xalqing Isroil kabi Sendan hayiqadigan bo‘lsin. Men barpo qilgan shu uy Senga atab qilinganini bilsin.
44. Sen xalqingni g‘animlariga qarshi jang qilishga yuborganingda, ular O‘zing tanlab olgan bu shaharga, Senga atab men qurgan uyga yuz burib, ibodat qilsalar,
45. osmondan turib ularning iltijolarini eshit, bajo ayla.
46. Sening oldingda ular gunoh qilganlarida, chunki gunoh qilmaydigan odamning o‘zi yo‘q, Sen g‘azablanib, ularni yaqin yoki uzoq yurtlarga asir qilib olib ketadigan dushmanlarning qo‘liga bersang,
47. ular g‘animlari yurtida asirlikda yurib, esini yig‘ib olgach: “Gunoh qildik, shakkoklik qildik, aybdormiz”, deb tavba qilib, Senga yolvorsalar,
48. g‘animlar yurtida butun qalbi bilan, jonu dili bilan Senga qaytsalar, O‘zing ota– bobolariga bergan yurtga, O‘zing tanlab olgan shaharga, Senga atab men qurgan uyga yuz burib, O‘zingga ibodat qilsalar,
49. samodan — makoningdan turib ularning qilgan iltijolarini eshit, bajo ayla.
50. Xalqing Senga qarshi qancha gunoh qilgan bo‘lmasin, Senga qarshi qanchalik isyon qilgan bo‘lmasin, ularni kechir. Xalqingni asir etgan yov ko‘nglida shafqat qo‘zg‘atgin, toki ular xalqingga mehribonlik qilsin.
51. Axir, Isroil Sening xalqing, Sening ulushingdir. Ularni Misrdan — temir o‘choq ichidan O‘zing olib chiqqansan.
52. Xalqing Senga doimo iltijo qilganda, men, qulingning iltijolarini, xalqing iltijolarini eshitib, ularga doimo nazaringni solib marhamat qilgin.
53. Zotan, ota–bobolarimizni Misrdan olib chiqqaningda, quling Muso orqali aytganingday, ularni O‘zingning ulushing qilib, dunyodagi hamma xalqdan ajratib olding, ey, Egamiz Rabbiy!
54. Sulaymon Egamizning qurbongohi oldida tiz cho‘kib, qo‘llarini yuqoriga ko‘targanicha, Unga ibodatini aytib bo‘lgach, o‘rnidan turdi.
55. Sulaymon tik turganicha baland ovoz bilan Isroil jamoasini duo qildi:
56. — Egamizga hamdu sanolar bo‘lsin! U va’dasiga ko‘ra, O‘zining xalqi Isroilga tinchlik– omonlik berdi. U quli Muso orqali yaxshi va’dalar bergan edi, o‘sha va’dalarning birontasi ham bajarilmay qolmadi.
57. Egamiz Xudo ota– bobolarimiz bilan bo‘lganiday, biz bilan ham bo‘lsin, bizni tark etmasin, tashlab ketmasin.
58. Egamizning yo‘lidan yurmoq uchun, ota– bobolarimizga buyurgan amr, farmon va qonun– qoidalarga rioya etmog‘imiz uchun ko‘nglimizni O‘ziga rom qilsin.
59. Egamizning oldida iltijo qilarkanman, shu iltijolarimga quloq tutib, bu qulining va O‘zining xalqi Isroilning kundalik ehtiyojlarini bajo aylasin,
60. toki dunyodagi jamiki qavmlar Egamiz — Xudo ekanini bilib qo‘ysin. Undan boshqasi yo‘q.
61. Hozirgiday, uning farmonlari bo‘yicha yurmoq uchun, amrlariga rioya etmoq uchun chin yurakdan Egamiz Xudoga bog‘laninglar.
62. Shundan keyin shoh va hamma Isroil xalqi Egamizga atab qurbonlik qildilar.
63. Sulaymon 22.000 mol, 120.000 qo‘yni Egamizga atab tinchlik qurbonligi qildi. Shu tariqa shoh va butun Isroil xalqi Egamizning uyini bag‘ishladilar.
64. Shu kuni shoh Egamizning uyi oldidagi hovli o‘rtasini ham muqaddas qildi. So‘ng o‘sha yerda kuydiriladigan qurbonliklar, don nazrlari va tinchlik qurbonliklarining yog‘ini nazr qildi, chunki bularning hammasi Egamizning huzuridagi bronza qurbongoh ustiga sig‘magan edi.
65. Keyin Sulaymon va u bilan birga katta jamoa — Levo–Xomatdan tortib Misr soyligiga qadar yerlarda yashaydigan butun Isroil xalqi Egamiz Xudo oldida Chayla bayramini nishonlashdi. Bayram o‘n to‘rt kun davom etdi. Ular yetti kun qurbongohning Xudoga bag‘ishlanishini nishonlashdi, yetti kun Chayla bayramini qilishdi.
66. Chayla bayramidan keyin Sulaymon xalqqa ruxsat berdi, xalq shohni duo qildi. Shundan keyin Egamiz O‘z quli Dovudga va Isroil xalqiga ko‘rsatgan muruvvati tufayli hammaning ko‘ngli shodlikka to‘lib, uylariga qaytib ketdilar.
1. Sulaymon Egamizning uyini ham, o‘zining saroyini ham qurib bo‘ldi. Mo‘ljallangan hamma yumushlarni tamom qildi.
2. Shundan keyin Egamiz Sulaymonga, ilgari Givonda zohir bo‘lganiday, yana zohir bo‘ldi.
3. Egamiz unga shu so‘zlarini ayon qildi: — Menga qilgan iltijolaringni eshitdim. Sen qurgan va O‘zim ulug‘lanadigan uyni muqaddas qildim. Ko‘zlarim, ko‘nglim doimo o‘sha yerda bo‘ladi.
4. Sen ham Mening oldimda, otang Dovud kabi, sofdillik bilan va to‘g‘ri bo‘lib yursang, Men amr etgan hamma farmonlarimni ijro etsang, qonun– qoidalarimni mahkam tutsang,
5. Isroil ustidan shohlik taxtingni abadiy mustahkam qilaman. Otang Dovudga ham: “Sening naslingdan bo‘lgan erkak zoti to abad Isroil taxtida o‘tiradi”, deb va’da bergan edim.
6. Sen ham, sening nasling ham Men ko‘rsatgan yo‘ldan qaytsangiz, sizlarga bergan amr va farmonlarimga rioya qilmasangiz, borib boshqa xudolarga xizmat qilsangizlar, topinsangizlar,
7. Isroilni O‘zim bergan yurtdan uloqtirib tashlayman. Men muqaddas qilgan, O‘zim ulug‘lanadigan uyni tark etaman. Ana o‘shanda Isroil xalqi hammaning og‘zida duv–duv gap bo‘ladi, hamma xalqlar ularni masxara qiladi.
8. Hozir ajoyib bo‘lib turgan uyning yonidan o‘tganlar buning ayanchli ahvolini ko‘rganda, dahshatga tushib: “Nimaga ularning Egasi bu yurtni va bu uyni mana shu ahvolga soldi ekan–a?” deb qotib qoladi.
9. So‘ng yana o‘zlari shunday xulosa chiqaradilar: “E–ha, ular ota–bobolarini Misr yurtidan olib chiqqan, o‘zlarining Egasi Xudodan yuz o‘girdilar–ku! Boshqa xudolarga ergashib, o‘sha xudolarga topinib, xizmat etdilar–ku! Qilmishlariga yarasha o‘zlarining Egasi ularning boshiga shu ko‘rgiliklarni solibdi–da.”
10. Sulaymon ikkala uyni — Egamizning uyini va o‘z saroyini yigirma yilda bitirgan edi.
11. Tir shohi Xiram Sulaymonning ehtiyojiga ko‘ra, sadr yog‘ochi, sarv yog‘ochi, oltin yetkazib bergan edi. Shoh Sulaymon Xiramga bu xizmatlari uchun Jalila o‘lkasidagi yigirmata shaharni berdi.
12. Xiram: “Sulaymon bergan shaharlarni ko‘ray–chi”, deb Tirdan yo‘lga chiqdi, lekin u shaharlar Xiramga ma’qul kelmadi.
13. — Do‘stim, menga bergan shaharlaring shumi bori–yo‘g‘i?! — dedi Xiram Sulaymonga. Xiram o‘sha yerlarga Kavul deb nom berdi va bugunga qadar shu nom bilan yuritiladi.
14. Xiram esa shoh Sulaymonga 250 pud oltin yuborgan edi.
15. Shoh Sulaymon majburlab olgan qarollarni chaqirtirib, Egamizning uyini, o‘zining saroyini barpo ettirgan edi. Shuningdek, Quddusning sharq tomonidagi pastlikni to‘ldirib, mustahkam qildirgan va Quddus devorini qurdirgan edi. Xazor, Maxido‘ va Gezer shaharlarini mustahkamlagan edi.
16. Misr fir’avni Gezerga bostirib kelib, shaharni qo‘lga olgan va o‘t qo‘ygandi. Shu yerda istiqomat qilayotgan Kan’on aholisini qirib tashlab, shaharni o‘zining qizi — Sulaymonning xotiniga sep qilib bergandi.
17. Shundan so‘ng Sulaymon Gezerni, Pastki Bayt– Xo‘ronni,
18. Baalatni, Yahudoning cho‘lidagi Tamarni,
19. o‘zining hamma ombor shaharlarini, jang aravalari saqlanadigan shaharlarni, otliqlari turadigan shaharlarini qaytadan tuzatib mustahkamladi. Bundan tashqari, Quddusda, Lubnonda, shohlikning hamma burchaklarida nima istasa, barpo qildi.
20. Shu o‘lkada qolib ketgan Amor, Pariz, Xiv, Xet va Yobus xalqlari Isroil xalqidan emasdi.
21. Isroil xalqi ularning bu yurtda qolib ketgan avlodlarini tamomila qirib bitirolmagan edi. Sulaymon o‘sha qolib ketganlarini qarol qilib oldi. Ular bugungacha bor.
22. Lekin Sulaymon Isroil xalqidan birortasini qul qilmadi. Shohning sipohlari, a’yonlari, akobirlari, lashkarboshilari, jang aravalarining qo‘mondonlari va suvorilarining qo‘mondonlari Isroil xalqidan edi.
23. Sulaymonning ishboshilari 550 kishi bo‘lib, ular ishlayotgan odamlar ustidan nazoratchi edilar.
24. Fir’avnning qizi Dovud qal’asidan o‘ziga atalgan saroyga ko‘chib o‘tdi. Bu saroyni Sulaymon unga atab barpo qilgan edi. Shundan keyin Sulaymon Quddusning sharq tomonidagi pastlikni to‘ldirib, mustahkam qildirdi.
25. Sulaymon Egamizga atab qurgan qurbongohda yiliga uch marta kuydiriladigan qurbonliklar va tinchlik qurbonliklari qilar, tutatqi tutatardi. Shunday qilib, u Egamizning uyini bitkazgan edi.
26. Shoh Sulaymon Edom yurtida, Qizil dengiz bo‘yidagi Elet yonida — Ezyo‘n–Geber shahrida kemalar yasadi.
27. Xiram o‘z tajribali dengizchilarini Sulaymonning odamlari bilan birga kemalarda jo‘natdi.
28. Ular Ofirga borib, u yerdan 900 pud oltin olib, shoh Sulaymonga keltirib berdilar.
1. Shava malikasi Sulaymonning dong‘ini, Egamizga atab qilgan ishlarini eshitgach, Sulaymonning huzuriga keldi. U Sulaymonga topishmoqlar aytib sinab ko‘rmoqchi edi.
2. Malika Quddusga juda ko‘p miqdorda oltin va qimmatbaho toshlar, xushbo‘y ziravorlar yuklangan katta karvonni boshlab keldi. Malika Sulaymonning huzuriga kirgach, ko‘nglida nima bo‘lsa, hammasini unga aytdi.
3. Sulaymon malikaning hamma savollariga javob berdi, malikaning birorta savoliga javob berishda qiynalmadi.
4. Shava malikasi Sulaymonning donoligini, u qurgan saroyni,
5. dasturxonidagi noz– ne’matlarni, a’yonlarning tartib–qoidaga ko‘ra joylashuvlarini, shoh soqiylari va bakovullarining xizmat liboslarini, Egamizning uyida shoh kuydiriladigan qurbonliklarninazr qilganini ko‘rdi. Malika g‘oyat hayratlanib,
6. shohga dedi: — Sizning ishlaringiz, donoligingiz haqida yurtimda eshitganlarim to‘g‘ri ekan.
7. Kelib o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rmaguncha gap–so‘zlarga ishonmagan edim. Menga hatto yarmini ham aytishmagan ekan. Men eshitgandan ham ko‘ra, donoroq ekansiz, boyligingiz ham juda ko‘p ekan.
8. Naqadar baxtiyordir odamlaringiz! Omadlidir xizmatkorlaringiz! Ular doimo huzuringizda bo‘lib, donoligingizdan bahra olishar.
9. Sizdan mamnun bo‘lib, Isroil taxti uzra o‘tqazgan Egangiz Xudoga hamdu sanolar bo‘lsin. U Isroilni to abad sevgani uchun adolat va to‘g‘rilik bilan hukm etsin, deb sizni shoh qilgan ekan.
10. Malika Sulaymonga 250 pud oltin, behisob xushbo‘y ziravorlar, qimmatbaho toshlar hadya qildi. Hech kim shoh Sulaymonga oldin ham, keyin ham Shava malikasi berganchalik xushbo‘y ziravorlar hadya qilmagan edi.
11. Xiramning Ofirdan oltin olib kelgan kemalari juda ko‘p sandal daraxti yog‘ochlari, qimmatbaho toshlar keltirgandi.
12. Shoh u yog‘ochlardan Egamizning uyi uchun ham, shoh saroyi uchun ham jihozlar, musiqachilar uchun lira va arfalar yasattirgandi. Bugungacha bunaqa sandal daraxti yog‘ochlari keltirilmagan va hech kim ko‘rmagan edi.
13. Shoh Sulaymon Shava malikasiga istaganini va so‘raganini muhayyo qildi. Bundan tashqari, malikaga ko‘ngildan chiqarib hadyalar in’om etdi. Shundan keyin malika hamma odamlarini ergashtirib, o‘z yurtiga jo‘nab ketdi.
14. Har yili Sulaymonga kelib turadigan oltinning og‘irligi 1425 pud edi.
15. Odamlarning oldi– sottisidan, savdogarlar tijoratidan olinadigan soliq va butun Arab shohlaridan, Isroildagi viloyat hokimlaridan olinadigan o‘lpon bunga kirmasdi.
16. Shoh Sulaymon oltindan ikki yuzta katta qalqon yasattirdi. Har bir qalqonni yasashga yarim pud oltin sarf bo‘ldi.
17. Yana oltindan uch yuzta kichik qalqon ham yasattirdi. Har bir qalqon uchun 400 misqol oltin sarf bo‘ldi. Shoh bu qalqonlarni “Lubnon o‘rmoni” degan uyga qo‘ydi.
18. U yana fil tishidan katta taxt yasab, uni toza oltin bilan qoplatdi.
19. Taxtning oltita pog‘onasi bo‘lib, suyanchig‘ining yuqorisi orqaga qayrilgan, o‘rindig‘ining ikki tomonida tirsagi bor edi. Tirsaklarning yonida ikkita sher tasviri turardi.
20. Har bir pog‘onaning ikki chekkasida ham bittadan sher tasviri bo‘lib, taxtning olti pog‘onasida jami o‘n ikkita sher tasviri bor edi. Bunday taxt boshqa birorta shohlikda bo‘lmagan edi.
21. Shoh Sulaymonning ichimlik ichadigan hamma idishlari oltindan, “Lubnon o‘rmoni” degan uydagi hamma idishlar ham toza oltindan bo‘lib, birorta ham buyum kumushdan yasalmagan edi. Sulaymon davrida kumush arzimas narsa bo‘lib qolgandi.
22. Xiramning kemalari qatorida, Sulaymonning ham dengizda savdo kemalari bo‘lib, bu kemalar har uch yilda qaytib oltin, kumush, fil tishlari, turli– tuman maymunlar olib kelardi.
23. Shunday qilib, Sulaymon boylikda ham, donolikda ham yer yuzidagi hamma shohlardan o‘tib ketdi.
24. Sulaymonga Xudo bergan donolikni eshitmoq uchun butun dunyo uning oldiga kelgani oshiqardi.
25. Kelganlarning har biri kumush va oltin idishlar, kiyim, qurol–aslaha, xushbo‘y ziravorlar, ot va xachirlar hadya qilib olib kelar edi. Bunday hol yillab davom etardi.
26. Sulaymon jang aravalari va otlar to‘pladi. Uning bir ming to‘rt yuzta jang aravasi va o‘n ikki mingta oti bor edi. Sulaymon bularning bir qismini jang aravalari saqlanadigan shaharlarga va bir qismini Quddusga — o‘zining yoniga joylashtirdi.
27. Shoh Quddusda kumushni oddiy tosh bilan baravar qilib qo‘ydi. Sadr yog‘ochlari esa ko‘pligidan Yahudo qir etaklarida o‘sadigan oddiy shikamora–anjir daraxtiga tenglashib qoldi.
28. Shohning savdogarlari Misrdan va Quvaydan Sulaymon uchun otlar olib kelishardi. Ular otlarni Quvaydan sotib olishardi.
29. Misrdan keltirilgan har bir jang aravasi uchun 600 kumush tanga, har bir ot uchun 150 kumush tanga to‘lashardi. So‘ng bularni barcha Xet shohlariga va Oram shohlariga sotishardi.
1. Shoh Sulaymon fir’avnning qizidan boshqa yana Mo‘ablik, Ommonlik, Edomlik, Sidonlik va Xet xalqidan ko‘pgina ajnabiy ayollarga ko‘ngil qo‘ydi.
2. EgamizIsroil xalqiga bu xalqlar haqida gapirib, shunday degan edi: “Ularga qiz bermanglar ham, qiz olmanglar ham. Aks holda ular ko‘nglingizni o‘z xudolariga rom qilib qo‘yadilar.” Sulaymon esa o‘sha ayollarga shahvat bilan yopishdi.
3. Uning yetti yuzta xotini shohlar qizlaridan bo‘lib, uch yuzta kanizagi ham bor edi. Xotinlari sababli shoh begona xudolarga yuz burdi.
4. Oxiri shunday bo‘ldiki, keksaygan chog‘ida shohning ko‘ngli xotinlari tufayli begona xudolarga moyil bo‘ldi. Dovud o‘zining Egasi Xudoga chin yurakdan bog‘langan edi, Sulaymon esa otasiga o‘xshamadi.
5. Shunday qilib, Sulaymon Sidon aholisining xudosi Ashtaret, Ommon xalqining makruh xudosi Mo‘laxga sajda qila boshladi.
6. Sulaymon Egamiz oldida qabihliklar qildi. Otasi Dovud Egamizga sodiq qolgan bo‘lsa, Sulaymon unday qilmadi.
7. Quddusning sharqidagi tepalikda Mo‘ab xalqining makruh xudosi Xamo‘shga va Ommon xalqining makruh xudosi Mo‘laxga sajdagoh qurdi.
8. Hamma ajnabiy xotinlari o‘z xudolariga tutatqi tutatib, qurbonliklar keltirishlari uchun shunday qildi.
9. Egamiz unga ikki marta zohir bo‘lib: “Begona xudolarga ergashma”, deb amr bergan edi. Lekin u Isroil xalqining Xudosi — Egamizdan yuz o‘girdi.
10. Egamizning amrini bajo qilmadi. Egamiz Sulaymondan qattiq g‘azablandi.
11. Shundan keyin U Sulaymonga dedi: — Modomiki, Sen bilan qilgan ahdimni va senga amr qilgan farmonlarimni bila turib bajarmagan ekansan, Men endi shohlikni sendan tortib olaman va tobe odamlaringdan biriga beraman.
12. Lekin otang Dovudning haqi–hurmati uchun bu ishni sen hayotligingda qilmayman. Shohlikni o‘g‘lingning qo‘lidan tortib olaman.
13. Shunda ham shohlikning hammasini tortib olmayman, qulim Dovudning haqi–hurmati uchun, O‘zim tanlab olgan Quddus haqi–hurmati uchun bitta qabilani sening o‘g‘lingga qoldiraman.
14. Egamiz Sulaymonga Edomlik Hadadni dushman qilib qo‘ydi. U Edom shohlari naslidan edi.
15. Ancha oldin Dovud Edomliklar bilan urush qilgan edi. O‘sha jangda Isroil xalqidan halok bo‘lganlarni dafn qilish uchun lashkarboshi Yo‘ab Edomga bordi.
16. Isroil lashkari va Yo‘ab Edomdagi erkak zotini bitta qo‘ymay qirib tashlagunga qadar, olti oy u yerda qolgan edilar.
17. Shunda Hadadga va uning otasiga xizmat qilgan ba’zi Edomliklar Misrga qochib ketishgan edi. O‘sha paytda Hadad kichkina bola edi.
18. Ular Midiyondan jo‘nab, Poronga yetib kelishdi. Porondan ham odamlar ularga qo‘shildilar. Keyin Misrga — Misr shohi fir’avn huzuriga yetib kelishdi. Fir’avn Hadadga uy berdi, oziq–ovqat tayin etdi, yer berdi.
19. Hadad fir’avnning hurmatini qozondi. Fir’avn Hadadga qayinsinglisini — malika Taxpanasning singlisini nikohlab berdi.
20. Xotini Hadadga o‘g‘li Ganuvatni tug‘ib berdi. Taxpanas bolani fir’avn xonadonida tarbiya qila boshladi. Ganuvat fir’avn xonadonida uning o‘g‘illari qatorida ulg‘aydi.
21. Hadad Misrda: “Dovud olamdan o‘tibdi, lashkarboshi Yo‘ab ham vafot etibdi”, degan xabarni eshitgach, fir’vnga dedi: — Menga ijozat bersalar, o‘z yurtimga ketsam.
22. Yurtimga ketaman, deysan, nima, mening yonimda biror narsaga muhtojlik sezyapsanmi? — deb so‘radi fir’avn. — Yo‘q, aslo, lekin baribir, menga ijozat bersalar, — deb turib oldi Hadad.
23. Xudo Razo‘nni ham Sulaymonga dushman qilib qo‘ydi. Razo‘n Elyodax deganning o‘g‘li edi. Razo‘n o‘z xo‘jayini, Zo‘vo shohi Hadadzarning dastidan qochib ketgan edi.
24. Dovud Zo‘voliklarni qirgach, Razo‘n ham atrofiga bir bosqinchi guruhni to‘plab, o‘sha guruhga bosh bo‘ldi. So‘ng ular Damashqqa borib, u yerda joylashdilar. Damashqda o‘z hukmronligini o‘rnatdilar.
25. U ham Sulaymon hayot paytida Isroilga dushman bo‘lib qoldi. Razo‘n Oramda shoh bo‘lib turar ekan, Hadad kabi, Isroilga nafrat bilan qarab, doimo dushmanlik qilib keldi.
26. Yana Sulaymonning a’yonlaridan biri — Efrayim qabilasidan bo‘lgan Yeribom degani ham shohga qarshi bosh ko‘tardi. U Zarido shahridan Nabat deganning o‘g‘li edi. Yeribomning onasi beva ayol bo‘lib, oti Zaruva edi.
27. Yeribom Sulaymonga qarshi bosh ko‘targanining sababi quyidagicha edi: Sulaymon Quddusning sharq tomonidagi pastlikni to‘ldirib, mustahkamlab, otasi Dovud qal’asining devorlarini tuzatgan edi.
28. Yeribom juda ham qobiliyatli yigit edi. Yeribomning g‘ayratliligini ko‘rgan Sulaymon uni Yusuf qabilasidan olingan barcha qarollarga nazoratchi qilib qo‘ydi.
29. Bir kuni Yeribom Quddusdan tashqari chiqqan edi, Shilo‘lik payg‘ambar Oxiyo bilan yo‘lda uchrashib qoldi. Oxiyo yangi kiyimlar kiyib olgan ekan. U yerda ikkovidan boshqa hech kim yo‘q edi.
30. Shu payt Oxiyo ustidagi yangi kiyimlarini yechdi–yu, yirtib o‘n ikki bo‘lakka bo‘lib tashladi.
31. Keyin Yeribomga dedi: — O‘zingga o‘n bo‘lagini ol. Isroil xalqining Xudosi — Egamiz ham shunday aytmoqda: “Men Sulaymonning qo‘lidan shohlikni tortib olaman va o‘nta qabilani senga beraman.
32. Qulim Dovudning haqi–hurmati uchun, Isroilning hamma qabilalari orasidan O‘zim tanlab olgan Quddus shahri haqi– hurmati uchun bitta qabila Sulaymonniki bo‘ladi.
33. Sulaymon Mendan yuz o‘girib, Sidonning xudosi Ashtaretga, Mo‘ab xudosi Xamo‘shga, Ommonning xudosi Mo‘laxga sajda qila boshladi. Otasi Dovudga o‘xshamadi, oldimda to‘g‘ri ishlar qilmadi, farmonlarimga va qonun– qoidalarimga rioya qilmadi, yo‘llarimdan yurmadi.
34. Ammo shohlikni undan tamomila tortib olmayman. Amr va farmonlarimga rioya qilgan va o‘zim tanlab olgan qulim Dovudning haqi–hurmati uchun, Sulaymonni umrining oxirigacha shoh qilaman.
35. Shohlikni esa uning o‘g‘lidan tortib olib, o‘nta qabilani senga beraman.
36. Men o‘sha yerda ulug‘lanay, deb O‘zim uchun Quddus shahrini tanlaganman. Qulim Dovudning chirog‘i Quddusda hech qachon o‘chmasin, deb Sulaymonning o‘g‘liga bitta qabilani beraman.
37. Men seni Isroil shohi qilaman, ko‘ngling qayerni istasa, o‘sha yerda shohlik qilaverasan.
38. Agar qulim Dovudga o‘xshab aytganlarimga itoat qilsang: yo‘llarimdan yursang, oldimda to‘g‘ri ishlar qilsang, farmon va amrlarimga rioya qilsang, Men sen bilan bo‘laman. Isroilni senga berib, Dovudga qilganimday, xonadoning hukmronligini o‘zingdan keyin ham davom ettiraman.
39. Sulaymonning shu qilmishlari evaziga Dovudning naslini tahqirlayman, lekin to abad emas.”
40. Sulaymon Yeribomni o‘ldirmoqchi bo‘ldi. Yeribom esa Misrga — Misr shohi Shishaxning yoniga qochib ketdi. U Sulaymon vafot etguncha Misrda qoldi.
41. Sulaymonning boshqa ishlari, butun faoliyati, uning donishmandligi haqida “Sulaymonning ishlari” kitobida yozib qoldirilgan.
42. Sulaymon Quddusda butun Isroil ustidan hukmdor edi. Uning hukmronligi qirq yil davom etdi.
43. Sulaymon olamdan o‘tdi. U otasi Dovud qal’asida ota– bobolari yoniga dafn qilindi. O‘rniga esa o‘g‘li Raxabom shoh bo‘ldi.
1. Raxabom Shakam shahriga ketdi. Jamiki Isroil xalqi ham, Raxabomni shoh qilib ko‘taramiz, deb Shakamga kelishdi.
2. Nabat o‘g‘li Yeribom bu haqda eshitib, Misrdan qaytdi. U Sulaymonning dastidan Misrga qochib ketganicha, hanuz o‘sha yerda edi.
3. Isroil xalqi odam yuborib, uni ayttirib keldi. So‘ngra Yeribom bilan barcha Isroil jamoasi Raxabom huzuriga kelib, unga shu gapni aytishdi:
4. — Otangiz bizga og‘ir bo‘yinturuq solgan edi. U bizni majbur qilgan og‘ir mehnatni endi siz yengillatib, bo‘yinturuqdan xalos qiling. O‘shanda biz sizga itoat etamiz.
5. — Hozir qaytib ketaveringlar, — dedi Raxabom kelganlarga, — uch kundan keyin yana huzurimga kelinglar. Shunday qilib, xalq qaytib ketdi.
6. Shoh Raxabomning otasi Sulaymon hayotligi davrida oqsoqollar har doim uning oldida hoziru nozir edilar. Shoh o‘sha oqsoqollarga maslahat soldi. — Sizlar nima deysizlar, bu xalqqa nima deb javob bersam bo‘ladi?
7. Oqsoqollar shohga shunday deb maslahat berishdi: — Agar siz bu xalqqa bugun qul bo‘lib xizmat qilsangiz, ularga javob berganingizda, yaxshi so‘zingizni ayamasangiz, ular sizga bir umr xizmat qiladilar.
8. Lekin shoh oqsoqollarning maslahatlarini rad qildi. Birga o‘sgan va o‘ziga xizmat qilayotgan yosh yigitlar bilan maslahatlashdi.
9. Shoh o‘sha yigitlarga dedi: — Bu xalq menga: “Otangiz bizga solgan og‘ir bo‘yinturuqdan endi bizni siz xalos qiling”, deyapti. Ularga nima deb javob berayin? Sizlar qanday maslahat berasizlar?
10. Raxabom bilan birga o‘sib–ulg‘aygan yosh yigitlar unga shunday maslahat berishdi: — Arz qilgan o‘sha xalqqa shunday deb ayt: “Mening sinchalog‘im otamning belidan ham yo‘g‘on.
11. Otam sizlarga og‘ir bo‘yinturuq solgan edi, endi men undan ham battar qilaman. Otam sizlarni qamchi bilan jazolagan ekan, men esa chayonlarga chaqtirib, jazolayman.”
12. Raxabom Yeribom bilan xalqqa: “Uchinchi kuni huzurimga kelinglar”, deb aytgani uchun, xalq aytilgan paytda shoh Raxabomning huzuriga keldi.
13. Shoh oqsoqollarning bergan maslahatlarini pisand qilmay,
14. yosh yigitlarning gapiga kirib, xalqqa keskin javob berdi: — Otam sizlarga og‘ir bo‘yinturuq solgan edi, endi men undan ham battar qilaman. Otam sizlarni qamchi bilan urib jazolagan ekan, men esa chayonlarga chaqtirib jazolayman.
15. Shunday qilib, shoh xalqqa quloq solmadi. Egamizning Shilo‘lik Oxiyo orqali Nabat o‘g‘li Yeribomga bergan so‘zi bajo bo‘lishi uchun, Xudo bu voqeani shunday rejalashtirgan edi.
16. Isroil xalqi qarasaki, shoh gapga quloq solmayapti. Shundan keyin xalq unga shunday xitob qildi: “Essay o‘g‘li Dovudning bizga o‘tkazib qo‘ygan joyi yo‘q, Bizning ham undan qarzimiz yo‘q! Ey, Isroil xalqi, hamma o‘z uyiga qaytsin! Ey, Dovud, endi o‘z ko‘mochingga o‘zing kul tortaver!” Shunday qilib, Isroil xalqi uylariga tarqalib ketdi.
17. Faqat Yahudo shaharlarida yashaydigan Isroil xalqi ustidangina Raxabom hukmronlik qiladigan bo‘lib qoldi.
18. Shoh Raxabom qarollar boshlig‘i Odoniramni Isroil xalqi oldiga yuborgan edi, Isroil xalqi uni toshbo‘ron qilib o‘ldirdi. Bu xabarni shoh Raxabom eshitdi–yu, shosha–pisha jang aravasiga minib Quddusga qochdi.
19. Isroil xalqi o‘sha kundan boshlab Dovud xonadonidan yuz o‘girdi.
20. Isroil xalqi: “Yeribom qaytib kelibdi”, degan xabarni eshitishdi–yu, odam yuborib, uni o‘zlarining huzuriga chaqirtirib kelishdi. Isroil xalqi Yeribomni butun Isroilga shoh qildilar. Dovud xonadoniga sodiq bo‘lgan faqat Yahudo qabilasi qoldi, boshqa hech kim bu xonadonga ergashmadi.
21. Sulaymon o‘g‘li Raxabom Quddusga kelib, Yahudo va Benyamin qabilalaridan 180.000 odamni sipohlikka tanlab oldi. “Shohlikni qaytarib olaman”, degan maqsadda ularni Isroil xalqiga qarshi jang qilish uchun tayyorladi.
22. Lekin o‘shanda payg‘ambar Shamayoga Xudoning quyidagi so‘zlari ayon bo‘ldi:
23. “Sulaymonning o‘g‘li, Yahudo shohi Raxabomga, butun Yahudo va Benyamin qabilasiga, bu yerdagi boshqa xalqlarga shu gaplarni yetkaz:
24. — Egamiz shunday aytmoqda: qarindoshlaringiz Isroil xalqiga qarshi urush boshlamanglar! Har kim o‘z uyiga qaytsin! Chunki bu ishlar hammasi Mendan bo‘ldi.” Ular Egamizning amriga itoat etib, uylariga qaytib ketdilar.
25. Yeribom Efrayim qirlaridagi Shakam shahrini mustahkam qilib, o‘sha yerda o‘rnashdi. U yerdan Paniyolga ketib, u shaharni ham mustahkam qildi.
26. Keyin Yeribom o‘ziga o‘zi aytdi: “Shohlik yana Dovud xonadoniga qaytib qolishi mumkin.
27. Agar bu xalq Egamizning uyigaqurbonlik qilish uchun Quddusga boraversa, u paytda xalqning ko‘ngli yana o‘zlarining hukmdori Yahudo shohi Raxabomga chopadi, meni esa o‘ldiradilar.”
28. Shundan so‘ng shoh maslahatchilari bilan maslahatlashib, ikki oltin buzoq yasadi va xalqqa dedi: — Ey, Isroil, Quddusga borib yurishingizga hojat yo‘q! Mana, sizlarni Misrdan olib chiqqan xudolaringiz!
29. Yeribom oltin buzoqlarning birini Baytil shahriga, ikkinchisini Dan shahriga o‘rnashtirdi.
30. Xalq oltin buzoqlarga topinmoq uchun Baytilga va Danga borardi. Bu narsalar esa hammani gunohga botirdi.
31. Yeribom, bundan tashqari, begona xudolarga atab sajdagohlar qurdirdi. Levi qabilasidan bo‘lmagan xalqdan ruhoniylar tayinladi.
32. Yeribom sakkizinchi oyning o‘n beshinchi kunini, Yahudoda bo‘ladigan bayramga o‘xshash bayram deb tayin qildi. Keyin qurbongohga chiqib, Baytilda yasagan oltin buzoqlarga qurbonliklar keltirdi. Baytilda o‘zi barpo qilgan sajdagohlarga ruhoniylar tayinlagan edi.
33. Shunday qilib, sakkizinchi oyning o‘n beshinchi kunini Isroil xalqi uchun bayram deb tayin etgach, Baytilga bordi. Bayramni nishonlash uchun qurbongoh yoniga kelib qurbonlik keltirdi.
1. Yeribom qurbongohning yonida qurbonlik kuydirmoqchi bo‘lib turgan paytda, bir payg‘ambar, Egamizning amriga ko‘ra, Yahudodan Baytilga keldi.
2. Payg‘ambar Egamizning amri bilan qurbongohga nido qildi: — Qurbongoh, ey, qurbongoh! Egamiz shunday aytur: “Dovud xonadonida bir o‘g‘il farzand dunyoga kelar, Uning ismi Yo‘shiyo bo‘lur. Sajdagohlarda qurbonlik kuydiradigan ruhoniylarni sening ustingda qurbon qilur. Sening ustingda inson suyaklarini yoqar.”
3. Payg‘ambar o‘sha kuniyoq buning alomati to‘g‘risida aytdi: — Egamiz aytgan alomat quyidagicha bo‘ladi: Qurbongoh yorilib ketar, ustidagi kul to‘kilar.
4. Yeribom payg‘ambarning Baytildagi qurbongohga aytgan so‘zlarini eshitgach, qurbongohdan unga tomon qo‘lini uzatib: “Ushlanglar uni!” — dedi. Yeribomning payg‘ambarga qarshi cho‘zilgan qo‘li esa qurib, yog‘ochday qotib qoldi. Uning qo‘li bukilmaydigan bo‘lib qoldi.
5. Egamizning payg‘ambar orqali aytgan alomati bajo bo‘ldi: qurbongoh yorilib, ustidagi kul to‘kilib ketdi.
6. Shunda shoh payg‘ambarga dedi: — Iltijo qilaman, Egangiz Xudoga men uchun yolvorib, ibodat eting, toki qo‘lim avvalgi holiga kelsin. Payg‘ambar Egamizga ibodat qilgan edi, shohning qo‘li avvalgi holiga kelib, bukiladigan bo‘ldi.
7. Shoh payg‘ambarga yana aytdi: — Men bilan yur uyimga, tamaddi qilib ol, senga hadyalar beray.
8. Payg‘ambar shohga dedi: — Boyligingning yarmini bersang ham, sen bilan bormayman, bu yerda non ham yemayman, suv ham ichmayman.
9. Egamiz menga: “Non yemaysan, suv ichmaysan, borgan yo‘lingdan qaytmaysan”, deb amr bergan.
10. Shundan keyin payg‘ambar Baytilga kelgan yo‘lidan qaytmay, boshqa yo‘ldan ketdi.
11. Baytilda keksa bir payg‘ambar yashardi. Uning o‘g‘illari kelib, Yahudolik payg‘ambarning shu kuni Baytilda qilgan ishlari haqida otalariga aytib berdilar. Payg‘ambarning shohga aytgan so‘zlarini ham otalariga bayon qildilar.
12. Otasi o‘g‘illaridan: “O‘sha odam qaysi yo‘ldan ketdi?” — deb so‘radi. Yahudodan kelgan payg‘ambarning qaysi yo‘ldan ketganini unga o‘g‘illari ko‘rsatdilar.
13. Shunda keksa payg‘ambar o‘g‘illariga: “Eshagimni egarlanglar!” — dedi. O‘g‘illari payg‘ambarning eshagini egarlab berdilar, u eshagiga minib jo‘nadi.
14. Keksa payg‘ambar Yahudolik payg‘ambarning izidan ketdi va nihoyat uni topdi. Yahudolik payg‘ambar eman daraxti ostida o‘tirgan ekan. Keksa payg‘ambar undan: — Yahudodan kelgan payg‘ambar senmisan? — deb so‘radi. — Ha, menman, — deb javob berdi u.
15. Keksa payg‘ambar unga: — Men bilan yur uyimga, tamaddi qilib ol, — dedi.
16. Yahudolik payg‘ambar unga aytdi: — Sen bilan birga qaytib borolmayman. Bu yerda sen bilan birga non ham yemayman, suv ham ichmayman.
17. Egamiz menga: “U yerda non ham yemaysan, suv ham ichmaysan, borgan yo‘lingdan qaytmaysan”, deb amr bergan.
18. Payg‘ambar esa unga shunday dedi: — Men ham senga o‘xshagan bir payg‘ambarman, Farishta menga Egamizning shu so‘zlarini aytdi: “Uni yo‘ldan qaytarib, o‘zing bilan birga uyingga olib kel, non yeb, suv ichib olsin.” Lekin keksa payg‘ambar yolg‘on gapirayotgan edi.
19. Shunday qilib, Yahudolik payg‘ambar keksa payg‘ambar bilan birga qaytib keldi, uning uyida tamaddi qildi.
20. Ular dasturxon atrofida o‘tirganlarida, keksa payg‘ambarga Egamiz shu so‘zlarni ayon qildi.
21. Keksa payg‘ambar esa Yahudolik payg‘ambarga shunday dedi: — Egamiz shunday aytmoqda: “Sen Mening so‘zimga itoat qilmading! Men, Egangiz Xudoning amriga qarshi chiqib
22. orqangga qaytding. Men senga non yema, suv ichma, deb aytgan yerda yeb– ichding. Endi sening jasading ota–bobolaring xilxonasiga dafn qilinmaydi.”
23. Yahudolik payg‘ambar tamaddi qilib bo‘lishi bilanoq, keksa payg‘ambar uning eshagini egarlab berdi.
24. Yahudolik payg‘ambar yo‘lda ketayotgan edi, oldidan bir sher chiqib qoldi. Sher uni tilka– pora qilib, jasadni yo‘lning ustiga tashladi. Eshak ham, sher ham jasadning oldida turardi.
25. Shu yerdan o‘tib ketayotgan odamlar yo‘l o‘rtasidagi jasadni va jasad yonida turgan sherni ko‘rdilar. Odamlar keksa payg‘ambar yashaydigan shaharga borib, ko‘rganlarini aytdilar.
26. Yahudolik payg‘ambarni yo‘ldan qaytarib kelgan keksa payg‘ambar ham shu voqeani eshitdi va shunday dedi: — Egamizning amriga itoat etmagan payg‘ambar o‘shadir. Shuning uchun Egamiz sherni yubordi va sher uni tilka–pora qilib tashladi. Egamiz, aytganiga binoan, uni o‘ldirdi.
27. Keksa payg‘ambar o‘g‘illariga: “Eshagimni egarlanglar!” — dedi. O‘g‘illari eshakni egarlab berdilar.
28. U borib, yo‘l o‘rtasida yotgan jasadni topdi. Eshak ham, sher ham jasadning yonida turar, sher jasadni yemagan, eshakka hech qanday zarar yetkazmagan edi.
29. Keksa payg‘ambar Yahudolik payg‘ambarning jasadini yerdan ko‘tarib olib, eshakka ortdi va orqasiga qaytarib, olib ketdi. “Uni dafn qilib, unga aza ochay”, deb shaharga keldi.
30. Jasadni o‘zining qabriga qo‘ygach: “Voy, jigarim, voy jigarim!” deb qabr ustida faryod chekdi.
31. Yahudolik payg‘ambarni dafn qilgach, keksa payg‘ambar o‘g‘illariga: — Vafot etganimdan so‘ng meni ham Yahudolik payg‘ambar dafn qilingan xilxonaga qo‘yinglar, — dedi. — Suyaklarim uning suyaklari yonida tursin.
32. Egamizning amriga ko‘ra, Baytildagi qurbongoh va Samariya shaharlaridagi hamma sajdagohlar haqida uning aytgan so‘zlari albatta bajo bo‘ladi.
33. Bu hodisadan keyin ham Yeribom qabih yo‘ldan qaytmadi. Yana sajdagohlarga oddiy xalqdan ruhoniylar tayin etdi. Kimni xohlasa, o‘shani ruhoniy qilib tayinlayverdi.
34. Bu gunoh ishlar Yeribom naslining yer yuzidan qirilib, yo‘qolib ketishiga sababchi bo‘ldi.
1. O‘sha paytda shoh Yeribomning o‘g‘li Abiyo kasal bo‘lib qoldi.
2. Yeribom xotiniga: — Qani, tur, kiyimlaringni o‘zgartir, toki mening xotinim ekanligingni hech kim bilib qolmasin, — dedi. — Shilo‘ga jo‘na. Payg‘ambar Oxiyo o‘sha yerda. Isroil xalqining shohi bo‘lishim haqida u bashorat qilgan edi.
3. O‘nta non, bir nechta kulcha, bir xumcha asal olib, payg‘ambar Oxiyoning huzuriga bor. O‘g‘limizga nima bo‘lishini u senga aytadi.
4. Xotini Yeribom aytganiday qildi, o‘rnidan turib, Shilo‘ga yo‘l oldi. Oxiyoning uyiga yetib ham keldi. Oxiyo qartayganidan ko‘zlari ko‘rmaydigan bo‘lib qolgan edi.
5. Egamiz Oxiyoga dedi: — Ana, Yeribomning xotini kelyapti, qara, qiyofasini o‘zgartirib olgan, o‘g‘li kasal, unga nima bo‘ladi — shuni sendan so‘ramoqchi. Unga shunday–shunday deb ayt.
6. Yeribomning xotini eshikni ochib, ostona hatlashi bilanoq, Oxiyo uning qadam tovushlarini eshitdi. Shu zahoti Oxiyo ayolga dedi: — Kel, Yeribomning xotini, ichkari kir. Meni birov tanib qolmasin, deb boshqacha kiyinib olibsanmi?! Ammo senga sovuq xabarlarim bor.
7. Izingga qaytib bor, Yeribomga shu gaplarni yetkaz: “Isroil xalqining Xudosi — Egamiz shunday aytmoqda: seni xalqing orasidan yuksaltirib, xalqim Isroil ustidan hukmdor qildim.
8. Shohlikni Dovud xonadonidan tortib olib, senga berdim. Biroq sen qulim Dovudga o‘xshagan bo‘lmading. U mening amrlarimga rioya qilib, butun qalbi bilan Menga ergashar, oldimda to‘g‘ri ishlarnigina qilardi.
9. Sen o‘zingdan oldin o‘tganlarning hammasidan ham ko‘p yomon ishlar qilding. O‘zing uchun boshqa xudolarning tasvirlarini yasab, Meni g‘azablantirding. Mendan yuz o‘girding.
10. Ana shu qilmishlaring evaziga xonadoningga balo–ofat keltiraman. Xoh qul bo‘lsin, hoh ozod bo‘lsin, Isroildagi har bir erkak urug‘ingni qirib yuboraman. Xonadoningni, xuddi supurindini qirtishlab uloqtirganday, ildizidan quritib tashlayman.
11. Shaharda vafot etgan oilang a’zosi ko‘ppaklarga yem bo‘lar, qirda vafot etgani ko‘kdagi qushlarga yem bo‘lar. Zotan, bu so‘zlarni Egamiz aytgan.”
12. Endi o‘rningdan tur, uyingga jo‘na. Shaharga qadam qo‘yishing bilanoq, bolang nobud bo‘ladi.
13. Butun Isroil xalqi bolangni dafn qiladi, unga aza tutadi. Isroil xalqining Xudosi — Egamiz Yeribom xonadonidan faqat shu bolanigina xush ko‘rdi. Yeribom xonadonidan qabrga kiradigani faqat shu boladir.
14. Shundan keyin Egamiz O‘zi uchun Isroil ustiga bir shoh qo‘yadi. U shoh Yeribom xonadonini o‘sha kuni — o‘sha zahotiyoq qirib bitiradi.
15. Egamiz Isroil xalqini shunday uradiki, Isroil suv ichida o‘sgan qamishga o‘xshab titraydi. Egamiz Isroil xalqini ota– bobosiga bergan bu hosildor yurtdan yulib olib, Furot daryosining narigi tomoniga sochib yuborardi. Chunki bu xalq Asheraga atab ustunlar yasab, Egamizni g‘azablantirdi.
16. Yeribom gunoh qildi, Isroil xalqini ham gunohga botirdi, shuning uchun Egamiz Isroilni tark etadi.”
17. Yeribomning xotini o‘rnidan turib, uyiga jo‘nadi. U Tirzaga yetib kelib, uyining ostonasidan hatlashi bilanoq, bolasi jon berdi.
18. Egamizning o‘z quli Oxiyo payg‘ambar orqali aytgan so‘zlari bajo bo‘ldi, butun Isroil xalqi bolani dafn qilib, unga aza tutdilar.
19. Yeribomning boshqa ishlari — qanday jang qilgani, qay tarzda hukmronlik qilgani — hammasi “Isroil shohlari tarixi” kitobida yozilgan.
20. Yeribom yigirma ikki yil shoh bo‘ldi. U ham olamdan o‘tdi. O‘rniga o‘g‘li Nadov shoh bo‘ldi.
21. Sulaymonning o‘g‘li Raxabom esa Yahudoda hukmronlik qildi. U taxtga o‘tirgan paytda qirq bir yoshda edi. Onasi Ommonlik bo‘lib, ismi Namax edi. Raxabom Quddusda o‘n yetti yil shohlik qildi. Egamiz hamma Isroil qabilalarining shaharlari orasidan Quddus shahrini O‘zi ulug‘lanishi uchun tanlab olgan edi.
22. Yahudo xalqi ham Egamiz oldida qabihliklar qilib, gunoh ishlari bilan Xudoni ota–bobolaridan ham qattiqroq g‘azablantirdi.
23. Ular har bir tepalik joyda, har bir yashil daraxt ostida o‘zlariga sajdagohlar, butsimon toshlar, Asheraning ustunlarini yasadilar.
24. Bu yurtdagi sajdagohlarda fahshbozlar ham bor edi. Ular shunchalik ko‘p qabih ishlar qildilarki, ularning qilmishlari Kan’on yurtidan Egamiz quvib yuborgan hamma xalqlarning jirkanch ishlariga barobar edi.
25. Raxabom shohligining beshinchi yilida Misr shohi Shishax Quddusga bostirib keldi.
26. U Egamizning uyidagi va saroydagi xazinalarni tortib oldi, qo‘liga nima ilinsa, hammasini oldi. Sulaymon yasattirgan oltin qalqonlarni ham oldi.
27. Shoh Raxabom oltin qalqonlar o‘rniga bronza qalqonlar yasatdi va ularni shoh saroyi darvozasini qo‘riqlaydigan soqchilar boshliqlari qo‘liga berdi.
28. Shoh Egamizning uyiga kirganda, soqchilar qalqonlarni ko‘tarib borishar, keyin esa qalqonlarni joyiga eltib qo‘yishardi.
29. Raxabomning boshqa ishlari, butun faoliyati “Yahudo shohlari tarixi” kitobida yozilgan.
30. Raxabom bilan Yeribom butun umri davomida urishib keldilar.
31. Nihoyat, Raxabom ham olamdan o‘tib, Dovud qal’asida ota–bobolari yoniga dafn qilindi. Onasi Ommonlik bo‘lib, ismi Namax edi. Raxabomning o‘rniga o‘g‘li Abiyo shoh bo‘ldi.
1. Isroil shohi Yeribom hukmronlik qilayotganiga o‘n sakkiz yil bo‘lganda, Abiyo Yahudoga shoh bo‘ldi.
2. U Quddusda uch yil shohlik qildi. Onasining ismi Maxo bo‘lib, u Absalomning qizi edi.
3. Abiyo ham otasining ilgari qilgan gunohlarini davom ettirdi. U o‘zining Egasi Xudoga chin dildan bog‘langan bobosi Dovud singari emas edi.
4. Parvardigor Egamiz Dovudning haqi–hurmati uchun Dovuddan keyin uning o‘g‘lini taxtga o‘tqazdi. Shunday qilib, Quddusni mustahkam qilib, shu shaharda unga so‘nmas bir chiroq berdi.
5. Dovud Egamiz oldida doim to‘g‘ri ish qildi. Umrining oxirigacha, Xet xalqidan bo‘lgan Uriyoga qilgan nomunosib xatti– harakatini hisobga olmaganda, Egamizning amridan zinhor bo‘yin tovlamadi.
6. Raxabom bilan Yeribom o‘rtasida boshlangan urush Abiyoning umri oxirigacha davom etdi.
7. Abiyoning boshqa ishlari, butun faoliyati “Yahudo shohlari tarixi” kitobida yozib qoldirilgan. Abiyo bilan Yeribom o‘rtasida urush muttasil davom etgan edi.
8. Abiyo olamdan o‘tdi. Uni Dovud qal’asida ota–bobolari yoniga dafn qildilar, uning o‘rniga o‘g‘li Oso shoh bo‘ldi.
9. Yeribom Isroilga hukmronlik qilayotganiga yigirma yil bo‘lganda, Oso Yahudo hukmdori bo‘ldi.
10. U Quddusda qirq bir yil shohlik qildi. Buvisining ismi Maxo bo‘lib, u Absalomning qizi edi.
11. Oso, bobosi Dovud kabi, Egamiz oldida to‘g‘ri ishlar qildi.
12. Sajdagohlardagi fahshbozlarni bu yurtdan quvdi. Ota–bobolari yasagan hamma butlarni yo‘q qildi.
13. Buvisi Maxo Asheraning makruh tasvirini yasatgan edi, shuning uchun buvisini ham malikalik martabasidan mahrum qildi. Oso buvisi yasagan butni yorib, Qidron soyligida yoqib yubordi.
14. Oso sajdagohlarni yo‘q qila olmagan bo‘lsa–da, umr bo‘yi Egamizga chin ko‘ngildan bog‘landi.
15. Otasi nazr etgan narsalarni ham, o‘zi nazr etgan narsalarni — oltin, kumushlarni, idishlarni ham Egamizning uyiga olib keldi.
16. Oso bilan Isroil shohi Basho umrlarining oxirigacha bir–birlari bilan urishib o‘tdilar.
17. Isroil shohi Basho Yahudoga hujum qildi. Odamlar Yahudo yurtiga osonlikcha kirib chiqa olmasligi uchun, u Rama shahrini mustahkamladi.
18. Oso esa Egamiz uyining xazinasida qolgan hamma oltin va kumushni hamda shoh saroyi xazinalarini oldi. Xazinalarni a’yonlari orqali Oram shohi Banhadad huzuriga jo‘natdi. Xeziyonning nabirasi Banhadad Tavrimmo‘nning o‘g‘li edi. Oso Damashqda o‘tirgan Banhadadga shu gaplarni yetkazishni buyurdi:
19. “Sening otang bilan mening otam o‘rtasida ittifoq bo‘lgani kabi, sen bilan mening o‘rtamda ham ittifoq bo‘lsin. Senga hadya qilib kumush va oltin berib yuboryapman. Isroil shohi Basho bilan ittifoq tuzgan eding, endi o‘shani bekor qil, toki u ro‘paramdan daf bo‘lsin.”
20. Banhadad shoh Osoning taklifini qabul qildi, lashkarboshilariga: “Isroil shaharlariga hujum qilinglar”, deb ularni o‘sha yoqqa yubordi. Ular Iyxon, Dan, Ovil–Bayt–Maxo shaharlarini, butun Naftali yerlari bilan birga Jalila ko‘li atroflarini bosib oldilar.
21. Basho bu voqeani eshitgach, Ramani mustahkamlash fikridan voz kechib, Tirzaga qaytib keldi.
22. Shoh Oso Yahudo xalqining bittasini ham qoldirmay chaqirdi. Ularga Rama shahrini mustahkamlashda Basho ishlatgan tosh va yog‘ochlarni tashittirdi. Oso o‘sha tosh va yog‘ochlar bilan Benyamin yerlaridagi G‘ibo hamda Mispax shaharlarini mustahkamladi.
23. Osoning boshqa ishlari, kahramonliklari, butun faoliyati, mustahkam qilgan shaharlari haqida “Yahudo shohlari tarixi” kitobida yozib qoldirilgan. U ham keksayib, oyoqlari og‘riydigan bo‘lib qoldi.
24. Nihoyat, Oso olamdan o‘tib, bobosi Dovudning qal’asida ota–bobolari yoniga dafn qilindi. O‘rniga o‘g‘li Yohushafat shoh bo‘ldi.
25. Oso Yahudoda shohlik qilayotganiga ikki yil bo‘lganda, Nadov Isroil shohi bo‘ldi va ikki yil hukmronlik qildi. Nadov Yeribomning o‘g‘li edi.
26. U ham Egamiz oldida qabihliklar qildi. Isroilni gunohga botirgan otasidan namuna oldi.
27. Issaxor xonadonidan Oxiyo o‘g‘li Basho Nadovga qarshi suiqasd uyushtirib, Filistlarning Gibiton shahrida uni o‘ldirdi. O‘shanda Nadov va butun Isroil lashkari Gibiton shahrini qamal qilib turgan edi.
28. Oso Yahudoda uchinchi yili shohlik qilayotganda, Basho Nadovni o‘ldirdi. Basho Nadovning o‘rniga shoh bo‘ldi.
29. U shoh bo‘lgandan keyin Yeribomning butun oilasini bitta qo‘ymay qirib tashladi. Shunday qilib, Egamizning o‘z quli, Shilo‘lik Oxiyo orqali aytgan so‘zlari bajo bo‘ldi.
30. Yeribomning o‘zi ham gunoh qilib, Isroil xalqini ham gunohga botirib, Isroil xalqining Xudosi — Egamizni g‘azablantirgani uchun, shu voqealar yuz berdi.
31. Nadovning boshqa ishlari, butun faoliyati “Isroil shohlari tarixi” kitobida yozib qoldirilgan.
32. Oso bilan Isroil shohi Basho umrlarining oxirigacha bir–biri bilan urishib o‘tdilar.
33. Yahudo shohi Oso shohlik qilayotganiga uch yil bo‘lganda, Basho Tirzada butun Isroil xalqi ustidan hukmdor bo‘ldi va yigirma to‘rt yil shohlik qildi.
34. U ham Yeribomning yo‘lidan ketib, Egamiz oldida qabihliklar qilib, Isroilni gunohga botirdi.
1. EgamizIsroil shohi Bashoga Xonin o‘g‘li Yohu orqali shu so‘zlarni ayon qilgan edi:
2. — Seni Men tuproq ostidan chiqarib yuksaltirdim. Seni xalqim Isroilning hukmdori qildim. Sen esa Yeribomning yo‘lidan ketib, xalqim Isroilni gunohga botirding. Gunohlaringiz Meni g‘azablantirdi.
3. Mana ko‘rasan, Nabat o‘g‘li Yeribom xonadoni singari, sening oilangni ham ildizidan quritaman.
4. Sening urug‘ingdan shaharda vafot etgan odam ko‘ppaklarga yem bo‘lar, qirda vafot etgan odam ko‘kdagi qushlarga yem bo‘lar.
5. Bashoning boshqa ishlari, faoliyati, kahramonliklari “Isroil shohlarining tarixi” kitobida yozib qoldirilgan.
6. Basho ham olamdan o‘tib, Tirzada ota–bobolari yoniga dafn qilindi. Uning o‘rniga o‘g‘li Elox shoh bo‘ldi.
7. Xonin o‘g‘li Yohu orqali Bashoga va uning xonadoniga Egamiz O‘zining so‘zlarini ayon qilgan edi. Basho Egamiz oldida Yeribom xonadoni kabi qabihliklar qilgani va Yeribomning xonadonini qirib tashlagani uchun, Egamiz undan g‘azablandi.
8. Oso Yahudoga shohlik qilayotganiga yigirma olti yil bo‘lganda, Elox Isroil shohi bo‘ldi. Elox Bashoning o‘g‘li edi. U Tirzada istiqomat qilib, ikki yil hukmdorlik qildi.
9. Lekin jang aravalarining yarmiga qo‘mondon bo‘lgan Zimri unga suiqasd uyushtirdi. Elox Tirzada turgan paytda Tirzadagi bosh vaziri Arzoning uyida ichib mast bo‘lib qoldi.
10. Shunda Zimri ichkariga kirdi–yu, uni o‘ldirdi. So‘ng Zimri shoh bo‘lib oldi. Oso Yahudoda shohlik qilayotganiga yigirma yetti yil bo‘lganda, shu voqea yuz berdi.
11. Zimri shoh bo‘lib taxtga o‘tirgach, Basho xonadonini bitta qo‘ymay qirib tashladi. Bashoning na qarindosh–urug‘idan, na yor–birodarlaridan biror erkak zoti tirik qoldi.
12. Yohu payg‘ambar orqali Egamizning aytgan so‘zlariga ko‘ra, Zimri Basho xonadonini yo‘q qildi.
13. Basho bilan uning o‘g‘li Eloxning gunohlari ko‘p bo‘lib, ular Isroil xalqini gunohga botirgan, o‘zlarining butlari bilan Isroil xalqining Xudosi — Egamizni g‘azablantirgani uchun, shu hodisalar yuz bergan edi.
14. Eloxning boshqa ishlari, butun faoliyati “Isroil shohlar tarixi” kitobida yozib qoldirilgan.
15. Oso Yahudoga shohlik qilayotganiga yigirma yetti yil bo‘lganda, Zimri ham Tirzada yetti kun Isroilga shoh bo‘ldi. Lashkarlar shu paytda Gibiton shahrini qamal qilib turgan edi. Bu shahar Filistlarniki edi.
16. “Zimri shohga suiqasd uyushtiribdi, shohni o‘ldiribdi”, degan xabarni lashkarlar Gibitonni qamal qilib turgan yerda eshitishdi. Xalq lashkarboshi Omrini qarorgohda o‘sha kuniyoq Isroil shohi qilib ko‘tardi.
17. Omri Isroil lashkarini boshlab Gibitondan chiqib keldi va Tirzani qamal qildi.
18. Zimri esa shaharning qo‘ldan ketganini ko‘rdi–yu, shoh saroyining ichki qal’asiga kirdi. Keyin orqasidan shoh saroyiga o‘t qo‘yib yuborib, o‘zi ham nobud bo‘ldi.
19. Zimri gunoh qilgani uchun shu hodisalar yuz bergan edi. U Yeribomning yo‘lidan yurib, Egamiz oldida qabihliklar qilgan, ham o‘zi gunoh qilgan, ham Isroil xalqini gunohga boshlagan edi.
20. Zimrining boshqa ishlari, xoinligi “Isroil shohlari tarixi” kitobida yozib qoldirilgan.
21. Endi Isroil xalqi ikkiga bo‘linib qoldi. Xalqning yarmi: “Ginat o‘g‘li Tivnaxni shoh qilamiz”, deb unga ergashdi, yarmi esa Omrining etagini tutdi.
22. Omrining etagini tutgan xalq Tivnaxga ergashgan xalq ustidan g‘olib keldi, Tivnax esa o‘ldi. Omri shoh bo‘lib qoldi.
23. Oso Yahudoga shohlik qilayotganiga o‘ttiz bir yil bo‘lganda, Omri Isroil shohi bo‘ldi. U hammasi bo‘lib o‘n ikki yil hukmdorlik qildi. Olti yili Tirzada o‘tdi.
24. U Shamer ismli odamdan to‘rt pud kumushga tepalikni sotib olib, u yerga shahar qurdirdi. Shaharni tepalikning oldingi egasi Shamerning ismi bilan Samariya deb atadi.
25. Omri ham Egamiz oldida qabihliklar qildi. U shu darajada qabihlik qildiki, avval o‘tgan shohlarning birortasi Omrichalik qabihlik qilmagan edi.
26. Omri ham Isroil xalqini gunohga botirgan Nabat o‘g‘li Yeribomning yo‘lidan ketdi. Omri xalqni butparastlikka boshlab, Isroil xalqining Xudosi — Egamizni g‘azablantirdi.
27. Omrining boshqa ishlari, ko‘rsatgan qahramonliklari “Isroil shohlari tarixi” kitobida yozib qoldirilgan.
28. Nihoyat, Omri olamdan o‘tib, Samariyada ota–bobolari yoniga dafn qilindi, o‘rniga o‘g‘li Axab shoh bo‘ldi.
29. Oso Yahudoga shohlik qilayotganiga o‘ttiz sakkiz yil bo‘lganda, Axab Isroil shohi bo‘ldi. Axab Omrining o‘g‘li edi. U Samariyada turib, yigirma ikki yil davomida Isroilni boshqardi.
30. Axab Egamiz oldida shunday qabihliklar qildiki, oldin o‘tgan shohlarning birortasi ham shunchalik qabihlik qilmagan edi.
31. Hatto Nabat o‘g‘li Yeribomning gunohlariga sherik bo‘lgani kamlik qilganday, Sidonliklar shohi Etbaalning qizi Izabelga uylanib, Baalga xizmat qilib, unga sajda eta boshladi.
32. Samariyada Baalga atab qurgan uyda qurbongoh ham barpo qildi.
33. Axab, buning ustiga, Asheraga atab ustun yasadi. U o‘zidan avval o‘tgan hamma Isroil shohlaridan ziyoda gunoh qilib, Isroil xalqining Xudosi — Egamizni g‘azablantirdi.
34. Axab shohlik qilgan davrda Baytillik Xiyol Yerixo shahrini qaytadan qurdi. Egamizning Nun o‘g‘li Yoshua orqali qilgan bashorati bajo bo‘ldi. Xiyol to‘ng‘ich o‘g‘li Aburamning joni evaziga shaharning poydevorini yotqizdi. Kichik o‘g‘li Saxuvning joni evaziga esa shahar darvozasini o‘rnatdi.
1. Giladning Tishba shahridan bo‘lgan Ilyos Axabga dedi: — Men xizmat qilayotgan Isroil xalqining Xudosi — Egamiz shohid! Men aytmagunimcha, shu yillarda na shudring tushadi, na yomg‘ir yog‘adi.
2. Ilyosga Egamiz shu so‘zlarni ayon qildi:
3. — Bu yerdan ket, sharq tomonga bor. Iordan daryosi sharqidagi Xarit jilg‘asi yonida berkinib ol.
4. Sen o‘sha jilg‘aning suvidan ichasan, qarg‘alarga amr berdim: ular seni boqishadi.
5. Ilyos Egamizning amriga binoan, bu yerdan ketdi. Iordan daryosining sharqidagi Xarit jilg‘asiga borib, o‘sha yerda qoldi.
6. Qarg‘alar unga ertalab ham, kechqurun ham non va go‘sht olib kelishar, o‘zi esa daryochaning suvidan ichardi.
7. Butun yurt bo‘ylab yomg‘ir yog‘madi, oradan bir necha kun o‘tgach, daryocha ham qurib qoldi.
8. Keyin Ilyosga Egamiz shu so‘zlarni ayon qildi:
9. — Tur o‘rningdan! Sidondagi Zorafat shahriga borib, o‘sha yerda yasha. Shu shaharda yashaydigan bir beva ayolga amr etdim, u seni boqadi.
10. Ilyos Zorafatga jo‘nadi. Shahar darvozasi oldiga yetib borgach, qarasa, bir ayol o‘tin terib yuribdi. Ilyos ayolni chaqirib, unga dedi: — Iltimos, menga ichgani idishda ozgina suv bersangiz.
11. Ayol suvga ketayotgan edi, uni yana chaqirib aytdi: — Iltimos, menga bir burda non ham ola keling.
12. Ayol dedi: — Egangiz Xudo shohid! Uyimda non uvog‘i ham yo‘q, faqat xumda bir hovuch un va xurmachada ozgina zaytun moyi bor, xolos. Ikki– uchta tarasha o‘tin terib olsam, borib, o‘zim va o‘g‘lim uchun nimadir tayyorlagan bo‘lardim. Bu oxirgi yeguligimiz bo‘ladi. Balki keyin o‘lib ketarmiz.
13. Ilyos ayolga dedi: — Qo‘rqmang, boravering, yegulikni tayyorlayvering. Faqat oldin o‘sha un va moydan kulcha qilib, menga olib kelib bering. O‘zingizga va o‘g‘lingizga esa keyin qilarsiz.
14. Binobarin, Isroil xalqining Xudosi — Egamiz shunday aytmoqda: “Men yer uzra yomg‘ir yog‘dirmagunga qadar, xumdagi un tamom bo‘lmas, xurmachadagi moy ham tugamas.”
15. Ayol borib, Ilyosning aytganlarini qildi. Shundan keyin Ilyos bilan birga, ayolning oilasi uchun ko‘p kunlarga yetadigan yegulik bo‘ldi.
16. Egamizning Ilyos orqali aytganlariga binoan, xumdagi un ham tamom bo‘lmadi, xurmachadagi moy ham tugamadi.
17. Oradan bir qancha vaqt o‘tgach, xonadon sohibasi — ayolning o‘g‘li kasal bo‘lib qoldi. U shunchalik og‘ir dardga yo‘liqdiki, oxiri jon berdi.
18. Ayol Ilyosga dedi: — Mendan nima istaysiz, ey, Xudoning odami? Siz gunohlarimni Xudoga eslatgani va o‘g‘limning o‘limiga sababchi bo‘lgani kelibsiz– da?!
19. Ilyos ayolga: “Menga bering o‘g‘lingizni!” — deb bolani ayolning quchog‘idan oldi, uni o‘zi istiqomat qiladigan boloxonaga olib chiqib, to‘shakka yotqizdi.
20. So‘ngra Egamizga xitob qildi: — Ey, Egam Xudo! Men shu beva ayolning mehmoniman. Nahot, uning o‘g‘lini nobud qilib, boshiga kulfat yog‘dirsang?!
21. Ilyos bolaning ustiga uch marta cho‘zilib, keyin Egamizga yana xitob qildi: — Ey, Egam Xudo! Iltijo qilaman, bu bolaga qaytadan jon ato et!
22. Egamiz Ilyosning iltijosini eshitdi. U bolaga qaytadan jon ato etib, tiriltirdi.
23. Ilyos bolani boloxonadan uyga olib tushdi, uni onasiga berib: “Qarang, o‘g‘lingiz tirik!” — dedi.
24. Ayol esa Ilyosga: — Endi bildim: siz Xudoning odami ekansiz, — dedi. — Egamiz chindan ham siz orqali gapirar ekan.
1. Oradan ancha kunlar o‘tdi. Nihoyat, qurg‘oqchilikning uchinchi yili Ilyosga Egamiz shu so‘zlarni ayon qildi: — Axabning huzuriga bor. Men yer yuziga yomg‘ir yog‘diraman.
2. Ilyos Axabga ko‘ringani ketdi. Bu vaqtda Samariyada dahshatli ocharchilik hukm surardi.
3. Axab saroy boshqaruvchisi Obodiyoni chaqirdi. Obodiyo Egamizdan juda qo‘rqardi.
4. Izabel Egamizning payg‘ambarlarini o‘ldirayotganda, Obodiyo yuzta payg‘ambarni g‘orga olib ketgan va ellikta–ellikta qilib o‘sha yerda yashirgan, ularni non–suv bilan ta’minlab turgandi.
5. Axab Obodiyoga dedi: — Yurtdagi hamma buloqlar va soyliklarga bor, o‘t–o‘lan topib, otlarni, xachirlarni boqaylik, mol– holdan ayrilib qolmaylik tag‘in.
6. Ikkovi aylanib chiqish uchun yurt hududini taqsimlab olishdi. Axab bir yo‘ldan o‘zi alohida ketdi. Obodiyo ham o‘zi alohida boshqa yo‘ldan ketdi.
7. Obodiyo yo‘lda ketayotganda, ro‘parasidan Ilyos chiqib qoldi. Obodiyo Ilyosni tanidi va yetti bukilib ta’zim qilib: — Sizmisiz, to‘ram Ilyos? — deb so‘radi.
8. — Ha, menman, — deb javob berdi Ilyos unga. — Bor, xo‘jayiningga: “Ilyos shu yerda”, deb ayt.
9. — Mening qanday aybim borki, siz men, qulingizni Axabning qo‘liga topshiryapsiz?! — dedi Obodiyo. — Meni o‘ldirish uchunmi?!
10. Egangiz Xudo shohid! Birorta shohlik yoki xalq yo‘qki, xo‘jayinim sizni axtarib topish uchun o‘sha yerlarga biror odamni jo‘natmagan bo‘lsin. O‘sha shohliklar, xalqlardan: “Ilyos bu yerda yo‘q”, deb javob kelgandan keyin ham ularga sizni topa olmaganlari haqida qasam ichdirdi.
11. Endi esa siz: “Bor, xo‘jayiningga, Ilyos shu yerda, deb ayt”, deyapsiz.
12. Yoningizdan ketishim bilanoq, Egamizning Ruhi sizni biror joyga olib ketadi. Qayergaligini esa men bilolmay qolaman. Men Axabning huzuriga borib xabar berdim ham deylik. U esa sizni topa olmay, o‘sha zahoti meni o‘ldiradi. Lekin men, qulingiz, bolaligimdan Egamizdan qo‘rqaman.
13. Izabel Egamizning payg‘ambarlarini o‘ldirayotganda, men Egamizning payg‘ambarlaridan yuztasini ellikta–ellikta qilib g‘orlarda yashirdim, ularga non–suv berib turdim. Nahotki, mana shu qilgan ishlarim haqida to‘ram eshitmagan bo‘lsalar?!
14. Endi esa siz menga: “Bor, xo‘jayiningga, Ilyos shu yerda, deb ayt”, deyapsiz. U meni o‘ldiradi–ku!
15. — Men xizmat qilayotgan Sarvari Olam shohid! Bugun men unga albatta ko‘rinaman, — dedi Ilyos.
16. Shundan keyin Obodiyo Axabning yoniga borib, uni voqeadan xabardor qildi. Axab esa Ilyosni kutib olish uchun ketdi.
17. Axab Ilyosni ko‘rdi–yu: “Isroilga balo keltiradigan senmisan hali?!” deb do‘q urdi.
18. — Isroilga balo keltiradigan men emas, — deya javob berdi Ilyos. — Aksincha, sen va otangning xonadoni Egamizning amrlaridan yuz o‘girdingizlar, Baalga sajda qilib, Isroilga balo keltirdingizlar.
19. Endi birortasiga buyur: butun Isroil xalqini, Baalning Izabel dasturxonidan taom yeydigan 450ta payg‘ambarini, Asheraning 400ta payg‘ambarini menga Karmil tog‘i yoniga to‘plab bersin.
20. Axab jamiki Isroil xalqini, payg‘ambarlarni Karmil tog‘i yoniga to‘pladi.
21. Ilyos xalqning ro‘parasiga chiqib, ularga tanbeh berdi: — Qachongacha ikki kemaning uchini tutib yurasizlar?! Agar Egamiz Xudo bo‘lsa, Unga ergashinglar. Bordi–yu, Baal Xudo bo‘lsa, unga sajda qilinglar. Xalqdan sado chiqmadi.
22. Ilyos yana xalqqa qarab gapira boshladi: — Egamizning payg‘ambari bo‘lib yolg‘iz men qoldim, Baalning payg‘ambarlari esa 450 kishi.
23. Endi bizga ikkita buqa keltiringlar. Baalning payg‘ambarlari bitta buqani tanlab olib nimtalasin, keyin o‘tinlarning ustiga qo‘yishsin, lekin olov yoqishmasin. Men ham buqaning bittasini tayyorlab o‘tinlarning ustiga qo‘yaman, lekin olov yoqmayman.
24. Baalning payg‘ambarlari iltijo qilib, Baalni chaqirishsin. Men ham iltijo qilib, Egamizni chaqiraman. Kimning Xudosi alanga orqali javob bersa, Xudo O‘shadir. Xalqqa bu gap juda ma’qul keldi.
25. Ilyos Baalning payg‘ambarlariga dedi: — Sizlar ko‘pchiliksiz, bitta buqani tanlab olib, avval sizlar nimtalanglar. Keyin xudoyingizga iltijo qilib, chaqiringlar, lekin olov yoqmanglar.
26. Baalning payg‘ambarlari o‘zlari tanlab olgan buqani nimtalab, tayyorlab qo‘ydilar. Keyin ertalabdan peshingacha: “Ey, Baal, bizga javob ber!” deb o‘zlarining xudosiga iltijo qilib, chaqirdilar. Lekin na biron sado keldi, na birortasi javob berdi. Ular o‘zlari qurgan qurbongohning atrofida sakrayverdilar.
27. Peshin vaqti bo‘ldi. Ilyos endi ularning ustidan kula boshladi: — Balandroq ovoz bilan chaqiringlar. Axir, u xudo, balki xayol surib o‘tirgandir, yo biror narsa bilan mashg‘uldir, yoki yo‘lda kelayotgandir, yoki uxlab yotgan bo‘lsa, uyg‘otish kerakdir.
28. Xullas, ular baland ovoz bilan baqiraverdilar. Keyin, odatlariga ko‘ra, o‘zlariga pichoq va nayza sanchib, qon oqizdilar.
29. Peshin vaqti o‘tib ketdi. Kechki qurbonlik paytiga qadar ular jazavaga tushib baqiraverdilar. Lekin na bir sado bo‘ldi, na birorta alomat, na bir javob bo‘ldi.
30. Ilyos: “Menga yaqinroq kelinglar”, — deb hamma odamlarni chaqirdi. Xalq Ilyosning yoniga keldi. Shu payt Ilyos Egamizning buzilgan qurbongohini qayta tiklay boshladi.
31. Ilyos o‘n ikkita tosh oldi. Bu toshlar Yoqubning o‘g‘illaridan kelib chiqqan qabilalarni anglatardi. Yoqubga Egamiz: “Sening noming Isroil bo‘ladi”, degan so‘zlarni ayon qilgan edi.
32. Ilyos o‘sha toshlarni ishlatib, Egamizga atab qurbongoh qurdi. Qurbongoh atrofida bir tog‘ora bug‘doy sig‘adigan xandaq kavladi.
33. So‘ng o‘tinlarni qalashtirdi, buqani nimtalab, o‘tinlar ustiga qo‘ydi. — To‘la to‘rt ko‘za suv olib kelinglar, — dedi Ilyos odamlarga. — Suvni kuydirishga atalgan qurbonlikning va o‘tinlarning ustidan to‘kinglar.
34. Keyin: “Yana takrorlanglar!” deb buyurdi Ilyos odamlarga. Odamlar yana to‘rt ko‘za suv quydilar. “Uchinchi marta ham takrorlanglar!” — dedi. Uchinchi marta ham to‘rt ko‘za suv quydilar.
35. Endi qurbongohning atrofida suv oqa boshladi, xandaq ham suvga to‘ldi.
36. Kechki qurbonlik payti bo‘lganda, payg‘ambar Ilyos qurbongohga yaqin kelib, xitob qildi: — Ey, Ibrohimning, Is’hoqning va Yoqubning Xudosi — Egamiz! Bugun sening Isroilda Xudo ekanliging, Men esa Sening quling ekanligim ayon bo‘lsin. Bularning hammasini sening amringga binoan bajo qilganim ayon bo‘lsin.
37. Menga javob ber, ey, Egamiz! Menga javob ber: mana bu xalq Sening Xudo ekaningni, ularning dilini Sen O‘zingga moyil qiluvchi ekaningni bilsin.
38. O‘sha zahoti Egamiz olov yubordi. Olov kuydirishga atalgan qurbonlikni, o‘tinlarni, toshlarni va tuproqni yamlamay yutib yubordi. Xandaqdagi suvni ham olov tortib ketdi.
39. Bu hodisani kuzatib turgan xalq yuz tuban muk tushib: “Egamiz — Xudodir, Egamiz — Xudodir”, — dedi.
40. Shundan so‘ng Ilyos odamlarga: “Baalning payg‘ambarlarini ushlanglar, birortasi ham qochib ketmasin!” deb buyurdi. Odamlar Baalning payg‘ambarlarini ushladilar. Ilyos ularni Xishon soyligiga olib tushib, o‘sha yerda o‘ldirdi.
41. Shu voqeadan keyin Ilyos Axabga: “Bor, endi yeb–ichaver, qattiq yomg‘ir yog‘adi, yomg‘ir yaqinlashayotganini eshityapman”, dedi.
42. Axab tamaddi qilib olish uchun ketdi. Ilyos esa Karmilning tepasiga chiqdi. Yerga engashib, yuzini tizzalari orasiga qo‘ydi.
43. Keyin xizmatkoriga: “Bor, dengiz tomonga qara–chi”, dedi. Xizmatkor ketdi. — Hech narsa yo‘q ekan, — dedi u qaytib kelib. Ilyos xizmatkoriga yetti marta: “Dengizga qara!” deb buyurdi.
44. Xizmatkor yettinchi marta ham borib qaradi. — Ana, dengizdan kichkina bir bulut chiqib kelyapti, kattaligi odamning kafticha keladi, — dedi u, nihoyat. Ilyos xizmatkoriga buyurdi: — Tez borib, Axabga ayt, aravasini qo‘shib jo‘nasin. Tag‘in yomg‘irda qolib ketmasin.
45. Shu payt birdan osmonni qop–qora bulut qopladi, shamol esib, shiddat bilan yomg‘ir boshladi. Axab esa aravasiga o‘tirib, Yizrilga yo‘l oldi.
46. Egamiz Ilyosga alohida kuch–qudrat ato qildi. U to‘nining etagini beliga qistirdi–da, Axabdan ilgari Yizrilga qarab yugurib ketdi.
1. Axab Ilyos qilgan hamma ishlarni, barcha payg‘ambarlarni qanday qilib qilichdan o‘tkazganini Izabelga aytib berdi.
2. Izabel Ilyosga chopar orqali shu xabarni yetkazdi: “Payg‘ambarlarning jonini qanday olgan bo‘lsang, ertaga shu vaqtda men ham sening joningni olmasam, xudolar meni har qanday jazoga mubtalo qilsin, undan ham battarrog‘iga duchor qilsin.”
3. Ilyos bu xabarni eshitdi–yu, o‘rnidan turib, jonini qutqarish umidida Yahudoning Bersheva shahri tomon yo‘l oldi. Xizmatkorini o‘sha shaharda qoldirib,
4. yolg‘iz o‘zi cho‘lda bir kun yo‘l yurdi. Nihoyat, bir yulg‘un daraxti ostiga kelib o‘tirdi. O‘ziga o‘zi o‘lim tilab: — Yetar, ey, Egam! — deb xitob qildi u, — endi jonimni olaqol. Axir, ota–bobolarimdan mening ortiq joyim yo‘q.
5. Ilyos yulg‘un ostida yotib uxlab qoldi. Bir payt farishta uni turtib: “Tur, taom yeb ol”, — dedi.
6. Ilyos turib qarasa, bosh tomonida issiq tosh ustida pishgan non, ko‘zada suv turibdi. U yeb–ichib bo‘lib, yana yotdi.
7. Egamizning farishtasi ikkinchi daf’a qaytib keldi va Ilyosga teginib: “Tur, taom yeb ol, oldingda hali uzoq yo‘l turibdi”, dedi.
8. Ilyos o‘rnidan turib yeb–ichib oldi. Taomning quvvati bilan qirq kechayu qirq kunduz yo‘l yurib Xudoning tog‘i Sinayga yetib keldi.
9. Ilyos Sinay tog‘idagi bir g‘orga kirib, o‘sha yerda tunadi. Bir payt Egamiz undan: “Ey, Ilyos, bu yerlarda nima qilib yuribsan?” deb so‘radi.
10. — Ey, Parvardigori Olam — Egam, Sen uchun ko‘p jon kuydirgan edim, — dedi Ilyos. — Chunki Isroil xalqi Sen bilan qilgan ahddan qaytdi, qurbongohlaringni buzdi, payg‘ambarlaringni qilichdan o‘tkazdi. Ey, Egam, Sening payg‘ambarlaringdan yolg‘iz men qoldim, xolos. Endi jonimni olish uchun meni ham qidirib yuribdilar.
11. — Chiq, tog‘da Mening ro‘paramda tur, yoningdan o‘taman, — dedi Egamiz unga. Egamiz o‘tganda, qudratli bo‘ron tog‘larni yorib, qoyalarni parcha–parcha qilib tashladi, lekin Egamiz bo‘ron ichida emasdi. Shamoldan so‘ng zilzila bo‘ldi, lekin Egamiz zilzilada ham emasdi.
12. Zilziladan so‘ng esa alanga ko‘tarildi. Biroq Egamiz alanga ichida ham emas ekan. Alangadan keyin esa mayin shabada tovushi eshitildi.
13. Ilyos bu tovushni eshitib, yuzini chakmoni bilan berkitib oldi. Tashqariga chiqib, g‘orning og‘zida turdi. Shunda yana: “Ilyos, bu yerda nima qilib turibsan?” degan sado keldi.
14. — Ey, Parvardigori Olam — Egam, men Sen uchun ko‘p jon kuydirgan edim, — dedi Ilyos. — Isroil xalqi Sen bilan qilgan ahddan qaytdi, qurbongohlaringni buzdi, payg‘ambarlaringni qilichdan o‘tkazdi. Egamning payg‘ambarlaridan yolg‘iz men qoldim, xolos. Endi jonimni olish uchun meni ham qidirib yuribdilar.
15. Egamiz unga aytdi: — Sen kelgan yo‘lingdan orqaga qayt. Damashq yaqinidagi sahroga bor. U yerga borganingdan keyin, Xazayilning boshiga moy surt, u Oram yurtining shohi bo‘lsin.
16. Nimshi o‘g‘li Yohuning boshiga ham moy surt, u Isroilning shohi bo‘lsin. Ovil–Maxlalik Shofot o‘g‘li Elishayning boshiga ham moy surt, u sening o‘rningga payg‘ambar bo‘ladi.
17. Xazayilning qilichidan qochib qutulganni Yohu o‘ldiradi, Yohuning qilichidan qochib qutulganni Elishay o‘ldiradi.
18. Men Isroil xalqidan yetti ming odamni qoldiraman, ular Baal oldida tiz cho‘kmagan, birortasi ham Baalni o‘pmagan.
19. Ilyos u yerdan ketib, Shofot o‘g‘li Elishayni topdi. U o‘n ikki juft ho‘kiz bilan yer haydayotganlarning orasida o‘n ikkinchi juft ho‘kizni haydayotgan edi. Ilyos Elishayning yonidan o‘tayotib, chakmonini uning ustiga tashladi.
20. Elishay ho‘kizlarini qoldirib, Ilyosning orqasidan yugurib bordi. — Ijozat ber, borib, ota–onamni o‘pib xayrlashib kelay, keyin orqangdan yetib boraman, — dedi u Ilyosga. Ilyos Elishayga dedi: — Bor, lekin men senga qilganimni o‘ylab ko‘r!
21. Elishay Ilyosning yonidan qaytib borib, bir juft ho‘kizni so‘ydi. Omoch–bo‘yinturuqlarini yoqib, ho‘kizlarning go‘shtini pishirib, odamlarga berdi. Odamlar go‘shtni yeb bo‘lgach, Elishay Ilyosning ortidan jo‘nadi va unga xizmat qila boshladi.
1. Oram shohi Banhadad hamma lashkarini to‘pladi. O‘ttiz ikkita shoh o‘z otlari, jang aravalari bilan unga madad berdi. Banhadad Samariyani qamal qilib, bu shaharga urush boshladi.
2. Banhadad shaharga — Isroil shohi Axab huzuriga choparlar jo‘natib, ular orqali shu xabarni yetkazdi: — Banhadad aytmoqda:
3. “Sening oltin– kumushlaring, eng sara xotinlaring, o‘g‘illaring meniki bo‘ladi.”
4. — Siz aytganday bo‘la qolsin, shoh hazratlari, — deb javob yo‘lladi Isroil shohi, — o‘zim ham, mening hamma narsam ham siznikidir.
5. Banhadadning choparlari yana qaytib kelib, Axabga shu xabarni yetkazdilar: — Banhadad aytmoqda: “Senga, oltiningni, kumushingni, xotinlaringni va bolalaringni menga berasan, deb xabar bergan edim.
6. Ertaga shu paytda qullarimni jo‘nataman: ular saroyingni, a’yonlaringning boshpanasini birma–bir ko‘rib, ko‘zingni quvnatib turgan qimmatbaho hamma narsalaringni olib ketadilar.”
7. Isroil shohi yurt oqsoqollarini chaqirib, ularga aytdi: — O‘ylab bir qaranglar, u odam qanday yomonlikni o‘ylab topadi–ya. U xotinlarimni, o‘g‘illarimni, oltin–kumushlarimni so‘rab chopar jo‘natganda, men rad qilmagandim.
8. Hammalari shohga: — Quloq solmang uning gaplariga, rozi bo‘lmang! — deb maslahat berdilar.
9. Isroil shohi Banhadadning choparlariga shu gapni aytdi: — Shoh hazratlariga shunday deb yetkazinglar: u oldin mendan nima istagan bo‘lsa, hammasini ado etaman, faqat keyingi talabiga rozi emasman. Choparlar Banhadadga Axabning shu gapini olib keldilar.
10. Banhadad Axabga yana choparlarini jo‘natib, quyidagi gapni yetkazdi: — Samariyani yer bilan yakson qilaman, agar Samariyaning kuli orqamda yurgan mana shu odamlarimning har biriga bir hovuchdan yetib ortib qolsa, xudolar meni har qanday jazoga mubtalo qilsin, undan ham battarrog‘iga duchor qilsin.
11. Isroil shohi ham Banhadadning gaplariga munosib javob berdi: — Aytib qo‘ying, shohingiz sovutini kiyishdan oldin emas, yechgandan keyin maqtansin.
12. Banhadad shohlari bilan chodirda kayfu safo qilib o‘tirgan edi. U Axabning gapini eshitishi bilanoq: “Shaharga hujum qilgani tayyorlaning!” deb amr berdi. Uning odamlari shu zahoti shaharni qurshab oldi.
13. O‘sha payt Isroil shohi Axabning oldiga bir payg‘ambar kelib, shu gaplarni aytdi: — Egam shunday demoqda: “Ey, Axab, anavi katta qo‘shinni ko‘ryapsanmi? Bugun o‘shalarni sening qo‘lingga beraman. Ana o‘shanda Egangiz Men ekanligimni bilasan.”
14. — Kim orqali beradi? — deb so‘radi Axab. — Viloyat hokimlarining pahlavonlari orqali beraman, deb aytmoqda Egam, — gapida davom etdi payg‘ambar. — Jangni kim boshlaydi? — yana so‘radi Axab. — Sen, — dedi payg‘ambar.
15. Axab viloyat hokimlarining pahlavonlarini chaqirdi: ular 232ta ekan. Keyin Isroil lashkarining hammasini chaqirdi, ular yetti ming kishi chiqdi.
16. Peshin vaqtida Isroil lashkari hujum qilib qoldi. Banhadad va shohlar, ya’ni unga yordam berayotgan o‘ttiz ikki shoh chodirlarda ichib mast bo‘lib yotgan ekan.
17. Isroil lashkari tomonidan avval viloyat hokimlarining pahlavonlari chiqdilar. Banhadad choparlar jo‘natgan edi, choparlar: “Samariyadan odamlar chiqib kelyapti”, deb unga xabar yetkazdilar.
18. — Agar sulh tuzish uchun kelayotgan bo‘lsalar, tiriklayin ushlanglar, — deb amr berdi Banhadad. — Bordi–yu, jang qilish uchun otlangan bo‘lsalar ham, tiriklayin ushlanglar.
19. Viloyat hokimlarining pahlavonlari, ularning orqasidan esa lashkar shahardan chiqib kelib,
20. har biri qarshisida turgan Oram lashkarini o‘ldirdi. Bir payt Oram lashkari qochib qoldi, Isroil lashkari esa ularni quvlab ketdilar. Oram shohi Banhadad ot ustida, otliqlar bilan birga qochib qutuldi.
21. Isroil shohi kelib, otlarni, jang aravalarini yakson qilib tashladi. Shunday qilib, Oram lashkari qattiq mag‘lubiyatga uchradilar.
22. Shundan keyin payg‘ambar yana Isroil shohi yoniga kelib dedi: — Bor, yana kuch to‘pla, nima qilishingni ko‘rib–bilib ol. Yanagi bahorda Oram shohi senga xavf soladi.
23. Ayni paytda Oram shohiga ham a’yonlari uqtirdilar: — Ularning xudolari — tog‘lar xudolaridir. Shuning uchun bu safar ularning qo‘li baland keldi. Agar ular bilan tekislikda jang qilsak, albatta biz g‘olib kelamiz.
24. Endi shohimiz shunday qilsinlar: hukmdorlarning hammasini vazifalaridan chetlatsinlar. Ularning o‘rniga lashkarboshilarini tayinlasinlar.
25. Qancha lashkar, ot, jang aravasi yo‘qotgan bo‘lsalar, o‘shancha lashkar, ot, jang aravalari to‘plab, qo‘shin tashkil qilsinlar. Keyin Isroil lashkarlari bilan tekislikda jang qilib, albatta ularni mag‘lub etamiz. Oram shohi a’yonlarining maslahatini inobatga olib, ular aytganday qildi.
26. Yanagi yil bahorda Banhadad Isroil bilan urishish uchun otlandi. U Oram lashkarlarini yig‘ib, Ofoq shahriga olib chiqdi.
27. Isroil lashkari ham yig‘ilib, oziq–ovqat to‘plashdi. So‘ng Oram lashkari bilan jang qilish uchun jo‘nab ketishdi. Isroil lashkari Oram lashkarining ro‘parasida qarorgoh qurdilar. Oram lashkarlari yurtni bosib ketgan, Isroil lashkari esa ularning oldida ikkita kichkina echki galasichalik kelardi, xolos.
28. Payg‘ambar Isroil shohi yoniga kelib, unga shu xabarni bayon qildi: — Egam shunday aytmoqda: “Modomiki Oram lashkari, Isroil xalqining Xudosi — Egamiz — tog‘lar xudosidir, tekislik xudosi emas, deb aytayotgan ekanlar, Men mana shu katta qo‘shinning hammasini sening qo‘lingga beraman. Shunda Egangiz Men ekanligimni bilasizlar.”
29. Bir–biri bilan dushmanlashgan ikkala tomon yetti kun qarorgohda kutib yotdilar. Nihoyat, yettinchi kuni jang boshlandi. Isroil lashkari bir kunda Oram lashkaridan 100.000 kishini qirib tashladi.
30. Qolganlari Ofoqqa — shahar ichkarisiga qochib kirgan edilar, 27.000tasini devor bosib qoldi. Banhadad ham shaharga qochib borib, bir uyning eng ichkari xonasiga kirib oldi.
31. A’yonlari unga: — Isroil shohlari rahmdil shohlardir, deb eshitgan edik, — dedilar. — Qani, endi egnimizga qanor kiyib, bo‘ynimizga arqon bog‘laylik–da, keyin Isroil shohi huzuriga boraylik. Shoyad u sizning bir qoshiq qoningizdan kechsa.
32. Hamma a’yonlar egnilariga qanor kiyib, bo‘yinlariga arqon bog‘lab, Isroil shohi huzuriga keldilar. — Qulingiz Banhadad: “O‘tinaman, shoh meni o‘ldirmasin”, deb iltijo qilyapti, — dedilar. — U hozir tirikmi? Axir, u mening akam–ku! — dedi Axab.
33. Bu odamlar bir alomat kutayotgan edilar. Uning gapini darrov og‘zidan ilib olib: — Ha, Banhadad — akangiz, — dedilar. — Boringlar, uni olib kelinglar, — deb buyurdi Axab. Banhadad Axabning yoniga keldi. Axab uni aravaga o‘tqazdi.
34. — Mening otam sening otangdan tortib olgan shaharlarni qaytarib beraman, — dedi Banhadad Axabga. — Otam Samariyada bozorlar barpo qilgan edi, sen, xuddi shu singari, Damashqda o‘zing uchun bozorlar barpo qilasan. — Sulh tuzganimizdan keyin men seni ozod qilaman, — dedi Axab ham o‘z navbatida. U Banhadad bilan sulh tuzgach, Banhadadni ozod qildi.
35. Payg‘ambarlar guruhidan bittasi boshqasiga: — Meni ur! — dedi. Payg‘ambar Egamizning amri bo‘yicha ish tutayotgan edi. O‘sha odam payg‘ambarni urishni istamadi.
36. Payg‘ambar unga shunday dedi: — Modomiki, sen Egamizning amriga quloq solmadingmi, endi ko‘rasan, yonimdan ketishing bilanoq, seni sher g‘ajib tashlaydi. U odam payg‘ambarning yonidan ketib, sherga duch kelib qoldi. Sher uni tilka–pora qilib tashladi.
37. Payg‘ambar boshqa bir odamni uchratib qolib, unga ham: — Meni ur! — dedi. U odam payg‘ambarni urib, jarohat yetkazdi.
38. Payg‘ambar nariroq borib ko‘zlarini yopinchiq bilan to‘sib, qiyofasini o‘zgartirdi va yo‘l bo‘yida shohni kuta boshladi.
39. Shoh o‘tib ketayotgan edi, payg‘ambar unga qarab baqirdi: — Ey, shohim, men, qulingiz, jangga borgan edim. Qarangki, orqadan bir odam mening yonimga boshqa odamni boshlab kelib: “Bu asirni mahkam ushla, qochib ketmasin, boshing bilan javob berasan yoki evaziga ikki pud kumush berasan”, dedi.
40. Men, qulingiz, u–bu ishlar bilan mashg‘ul bo‘lib turganimda, asir g‘oyib bo‘ldi. — Sen o‘zingga o‘zing hukm chiqarib qo‘yibsan–ku, — dedi Isroil shohi payg‘ambarga.
41. Payg‘ambar shu zahoti ko‘zidan yopinchiqni oldi. Shoh bildiki, u payg‘ambarlardan biri ekan.
42. Payg‘ambar shohga dedi: — Egamiz shunday aytmoqda: “Modomiki Men o‘limga mahkum etgan odamni sen qo‘lingdan chiqarib yuborgan ekansan, uning joni evaziga sen joningdan judo bo‘lasan. Uning xalqi boshiga keladigani sening xalqing boshiga tushadi.”
43. G‘azablangan Isroil shohi xafahol uyiga jo‘nab, Samariyaga yetib keldi.
1. Voqealar ketidan voqealar yuz beraverdi. Yizril shahrida, Samariya shohi Axabning saroyi yonida shu yerlik Navo‘t degan odamning uzumzori bor edi.
2. — Uzumzoringni menga ber, men u yerni poliz qilaman, — dedi Axab Navo‘tga. — Uzumzoring mening uyimga yaqin. O‘sha joyning o‘rniga men senga undan ham yaxshiroq uzumzor beraman. Istasang, bahosini ayt, kumush berayin.
3. — Otalarimdan qolgan merosni sizga beramanmi?! Xudo saqlasin, — javob qaytardi Navo‘t Axabga.
4. Yizrillik Navo‘tning: “Otalarimdan qolgan merosni sizga beramanmi?!” degan gapidan Axab g‘azablandi, xafahol uyiga keldi. Non ham yemay o‘ringa kirib, teskari qarab yotaverdi.
5. Xotini Izabel Axabning yoniga kelib, undan: “Nega ruhingiz tushkun, non ham yemadingiz?” deb so‘radi.
6. Axab bo‘lib o‘tgan voqeani aytib berdi: — Yizrillik Navo‘tga: “Uzumzoringni menga sot, kumush beraman, yoki istasang uning o‘rniga senga boshqa uzumzor beray”, desam, u: “Uzumzorimni sizga bermayman”, deb javob qildi.
7. — Siz Isroil shohimisiz o‘zi?! — dedi Izabel Axabga. — Turing o‘rningizdan, non–pon yeb oling. Ko‘nglingizni chog‘ qilavering. Yizrillik Navo‘tning uzumzorini sizga men olib beraman.
8. Izabel Axab nomidan maktublar yozdi, Axabning muhri bilan tasdiqladi. Maktublarni Navo‘t yashayotgan shaharning oqsoqollariga, aslzodalariga yubordi.
9. Maktub quyidagi mazmunda bitilgan edi: “Ro‘za e’lon qilinglar. Hammani to‘plab, Navo‘tni ularning oldiga o‘tqazib qo‘yinglar.
10. Uning ro‘parasiga ikkita yaramas odamni turg‘izib qo‘yinglar. Ular: “Ey, Navo‘t, sen Xudoni va shohni haqorat qilding”, deb guvohlik bersinlar. Keyin uni tashqariga olib chiqib, toshbo‘ron qilib o‘ldiringlar.”
11. Navo‘t istiqomat qiladigan shahardagi odamlar, aslzodalar va oqsoqollar hammasini Izabel buyurganiday qildilar.
12. Avval ro‘za e’lon qildilar. Keyin xalqni to‘plab, Navo‘tni xalqning oldiga o‘tqazdilar.
13. Ikkita yaramas odam kelib, Navo‘tning ro‘parasiga o‘tirdi. Ular xalqning oldida: “Navo‘t Xudoni va shohni haqorat qildi”, deb Navo‘tga ayb qo‘yishdi. Shundan so‘ng Navo‘tni shahar tashqarisiga olib chiqib, toshbo‘ron qilib o‘ldirdilar.
14. Oqsoqollar va aslzodalar: “Navo‘t toshbo‘ron qilib o‘ldirildi”, deb Izabelga xabar berdilar.
15. Izabel Navo‘tning toshbo‘ron qilib o‘ldirilganini eshitgan zamon Axabga dedi: — Yizrillik Navo‘t uzumzorini sizga kumushga ham sotmagan edi. Boring endi, uning o‘sha uzumzorini o‘zingizning mulkingizga qo‘shib oling. Navo‘t endi yo‘q. U o‘libdi.
16. Axab Navo‘tning o‘ldirilganini eshitdiyu: “Tezroq borib, Yizrillik Navo‘tning uzumzorini o‘zimga mulk qilib olay”, deb harakatga tushdi.
17. O‘sha payt Tishba shahridan bo‘lgan Ilyosga Egamiz shu so‘zlarni ayon qilgan edi:
18. “Bor, Samariyada o‘tirgan Isroil shohi Axabni kutib olish uchun chiq. U hozir Navo‘tning uzumzorida, o‘sha uzumzorni o‘ziga mulk qilib olmoqchi bo‘lib, u yerga keldi.
19. Axabga shu gaplarni yetkaz: — Egam shunday aytmoqda: Navo‘tni o‘ldirib uning mulkini o‘zingga olmoqchimisan?! Navo‘tning qonini ko‘ppaklar yalagan yerda sening qoningni ham ko‘ppaklar yalaydi.”
20. — Ha, dushmanim, meni bu yerga ham topib keldingmi? — dedi Axab Ilyosga. — Ha, topib keldim, — dedi Ilyos, — sen Egamiz oldida qabihliklarga rosa mukkangdan ketding.
21. Egamizning gapi shunday: “Boshingga balo yog‘diraman, seni ildizingdan quritaman. Isroildagi senga qarashli erkak zotini, hoh qul bo‘lsin, hoh ozod bo‘lsin, qirib tashlayman.
22. Isroilni gunohga botirib, Egamizni g‘azablantirganing uchun sening xonadoningni Nabat o‘g‘li Yeribomning xonadoni ko‘yiga, Oxiyo o‘g‘li Bashoning xonadoni ko‘yiga solaman.”
23. Egamiz Izabel haqida ham aytdi: “Yizril devori ichkarisida Izabel ko‘ppaklarga yem bo‘lar.
24. Axabga qarashli shaharda vafot etgan odam ko‘ppaklarga yem bo‘lar, qirda vafot etgan odami ko‘kdagi qushlarga yem bo‘lar.”
25. Shu paytgacha hech kim Axab singari Egamiz oldida qabihliklarga mukkasidan ketmagan edi. Xotini Izabel esa uni gijgijlab turar edi.
26. Axab, Amor xalqi singari, butlarga ergashib, ko‘p qabihliklar qilgan edi. Amor xalqini esa gunoh ishlari uchun Egamiz u yurtdan haydab, yurtni Isroil xalqiga bergan edi.
27. Axab Ilyosning aytganlarini eshitib, qayg‘udan kiyimlarini yirtdi, egniga qanor ilib oldi, ro‘za tutdi, qanor kiyib uxladi, doimo g‘amgin yurdi.
28. Shundan keyin Ilyosga Egamiz shu so‘zlarni ayon qildi:
29. “Ko‘rdingmi, Axab tavba qilib, Mening oldimda qanday mo‘min bo‘lib qoldi! U Menga itoat qilgani uchun, u barhayot ekan, boshiga balo keltirmayman. O‘g‘li shoh bo‘lgandan so‘ng, uning xonadoniga balo–qazo yog‘diraman.”
1. Oradan uch yil o‘tdi. Shu vaqt oralig‘ida Oram bilan Isroil o‘rtasida urush bo‘lmadi.
2. Uchinchi yili Yahudo shohi Yohushafat Isroil shohi huzuriga keldi.
3. Isroil shohi a’yonlariga dedi: — Giladdagi Ramo‘t bizniki ekanini bilasizlarmi? Lekin biz bu shaharni uzoq vaqtdan buyon Oram shohidan tortib olmay, sukut saqlab kelyapmiz.
4. — Giladdagi Ramo‘t uchun jang qilmoqqa men bilan borasanmi? — deb so‘radi Axab Yohushafatdan. — Meni go‘yo o‘zing deb bil, xalqimni o‘zingning xalqing deb, otlarimni o‘zingning otlaring deb bil, — dedi Yohushafat unga.
5. Yohushafat Isroil shohiga yana aytdi: — Avval Egamizning xohish–irodasini bil–chi, U nima der ekan.
6. Isroil shohi to‘rt yuzga yaqin payg‘ambarni to‘plab ulardan so‘radi: — Giladdagi Ramo‘t uchun jang qilmoqqa boraymi yoki bormaymi? — Boraversinlar, Rabbiy u shaharni shoh hazratlarining qo‘liga beradi.
7. — Bu yerda ulardan boshqa Egamizning birorta payg‘ambari qolmadimi? Agar bo‘lsa, undan ham so‘rab ko‘raylik, — dedi Yohushafat.
8. — Yana bir kishi bor, — dedi Axab Yohushafatga, — Yimloning o‘g‘li Mixiyo. U orqali Egamizning xohish–irodasini bilsak bo‘ladi. Lekin men uni yomon ko‘raman, chunki u men haqimda bashorat qilsa, xayrli gap aytmaydi, xunuk gap aytadi. — Ey, shoh, bunday deb aytma, — dedi Yohushafat.
9. Isroil shohi mulozimini chaqirib: — Tez borib, Yimloning o‘g‘li Mixiyoni olib kel, — deb buyurdi.
10. Isroil shohi Axab va Yahudo shohi Yohushafat shohlik liboslarini kiyib, har qaysisi o‘z taxtida Samariya darvozasi yonidagi xirmonda o‘tirar, hamma payg‘ambarlar esa ularning ro‘parasida turib bashorat qilayotgan edi.
11. Xanano o‘g‘li Zidqiyo temir shoxlar yasab, dedi: — Egamiz: “Oram lashkarini qirib bitirmaguningcha, shu shoxlar bilan suzaverasan”, deb aytmoqda.
12. Boshqa payg‘ambarlar ham shohga: — Ramo‘tga boraversinlar, albatta g‘alaba qiladilar, Egamiz o‘sha shaharni shohimizning qo‘llariga beradi, — deb bashorat qildilar.
13. Mulozim Mixiyoni chaqirish uchun ketdi. U Mixiyoning oldiga kelib, unga dedi: — Qara, hozir hamma payg‘ambarlar bir og‘izdan shohga yaxshilikdan bashorat qilyaptilar. Sening bashorating ham ularnikiday bo‘lsin. Sen ham yaxshilikdan karomat qil.
14. — Xudo haqi! Egamiz menga nimani ayon qilsa, shuni aytaman, — dedi Mixiyo.
15. Mixiyo shoh huzuriga keldi. — Ey, Mixiyo, men Ramo‘tni qaytarib olish uchun jang qilmoqchiman. Shuning uchun Giladdagi Ramo‘tga boraymi yoki bormaymi? — deya so‘radi shoh undan. — Boraversinlar, albatta g‘olib keladilar, — dedi Mixiyo. — Egamiz o‘sha shaharni shoh hazratlarining qo‘liga beradi.
16. — Faqat haqiqatni aytishing uchun, Egamiz nomini o‘rtaga qo‘yib senga necha marta ont ichdirayin? — deb shoh undan yana so‘radi.
17. — Isroil xalqini ko‘rib turibman, ular tog‘lar ustida yoyilib yurgan cho‘ponsiz qo‘ylarga o‘xshaydi, — dedi Mixiyo. — Egamiz: “Ularning xo‘jayini yo‘q, har biri o‘z uyiga tinch–omon qaytib ketsin”, dedi.
18. — U men haqimda bashorat qilganda xayrli gap aytmaydi, balki xunuk xabar aytadi, deb senga aytmaganmidim?! — deb xafaligini izhor qildi Axab Yohushafatga.
19. — Unday bo‘lsa, Egamizning so‘zlarini eshitsinlar, — dedi Mixiyo Axabga. — Men Egamizni O‘zining taxtida o‘tirgan holatda ko‘rdim. Jamiki samoviy mavjudotlar Uning o‘ng va chap tomonidan joy olgan ekan.
20. Egamiz ulardan so‘radi: “Axab Giladdagi Ramo‘t shahriga borib, o‘sha yerda halok bo‘lsin, deya kim uni o‘ziga og‘dira oladi?” Biri unday dedi, boshqasi bunday dedi.
21. Bir payt ruhlardan bittasi Egamizning ro‘parasida paydo bo‘ldi va: “Uni men ko‘ndiraman”, dedi.
22. “Qanday qilib ko‘ndirasan?” so‘radi Egamiz. “Men chiqib, hamma payg‘ambarlarning og‘zida yolg‘onchi ruhga aylanaman”, dedi u. “Sen uni ko‘ndir, bor, aytganingday qil, sen uddasidan chiqasan”, dedi Egamiz.
23. Mana ko‘rdingizmi, Egamiz hamma payg‘ambarlaringizning og‘ziga yolg‘onchi ruh solib qo‘ygan. U boshingizga falokat keltirishni qaror qilgan.
24. Shu payt Xanano o‘g‘li Zidqiyo Mixiyoning oldiga kelib, uning yuziga bir shapaloq urdi: — Nahotki, Egamizning Ruhi meni tark etib, sen bilan gaplashgani ketgan bo‘lsa?! Ayt–chi, u qaysi yo‘ldan ketdi? — so‘radi Zidqiyo.
25. — Qarab tur, sichqonning ini ming tanga bo‘lib, yashiringani ichkari xonaga yugurganingda ko‘rasan, — dedi Mixiyo Zidqiyoga.
26. — Mixiyoni ushlanglar! — buyurdi Isroil shohi. — Uni shahar hokimi Omonning va shaxzoda Yo‘shning huzuriga olib boringlar.
27. Ularga mening amrimni yetkazinglar. Ular Mixiyoni zindonga tashlashsin. Men sog‘–salomat qaytib kelgunimcha, oz–moz non–suv berib tursin, xolos.
28. — Ey, xaloyiq! Hammangiz eshitib qo‘ying! Agar shoh hazratlari sog‘–salomat qaytib kelsalar, Egamiz men orqali gapirmagan bo‘ladi, — dedi Mixiyo.
29. Isroil shohi Axab bilan Yahudo shohi Yohushafat Giladdagi Ramo‘t shahriga ketishdi.
30. — Men qiyofamni o‘zgartirib, jangga kiraman, sen esa shohlik liboslaringni kiyib ol, — dedi Axab Yohushafatga. Axab qiyofasini o‘zgartirib, jangga kirdi.
31. Oram shohi o‘ttiz ikkita jang aravalari qo‘mondoniga: “Kattasi bilan ham, kichigi bilan ham jang qilib o‘tirmanglar, asosiy hujumni Isroil shohining o‘ziga qaratinglar”, deb amr bergan edi.
32. Jang aravalari qo‘mondonlari Yohushafatni ko‘rgach: “Isroil shohi ana shu!” deb o‘ylab unga hujum boshladilar. Lekin Yohushafat jangga da’vat qilib baqirganda,
33. aravalarning qo‘mondonlari bildilarki, u Isroil shohi emas ekan. Qo‘mondonlar orqaga qaytdilar.
34. Bir odam bexosdan yoyini tortib qo‘yib yuborgan edi, o‘q to‘ppa–to‘g‘ri Isroil shohiga kelib tegdi. Shohning ustidagi sovuti ulangan joydan o‘q kirib ketgan ekan. Shoh og‘ir jarohatlandi. — Otni orqaga bur, men jarohatlandim, lashkarlar orasidan olib chiqib ket! — dedi shoh izvoshchisiga.
35. O‘sha kuni g‘oyatda shiddatli jang bo‘ldi. Shoh esa aravasi ustida suyanib Oram lashkarlarini kuzatib turdi. O‘q tekkan joydan aravaning ichiga qon oqardi. Kechga tomon borib shoh qazo qildi.
36. Kunbotar paytida lashkar orasida: “Har kim o‘z shahriga, o‘z yurtiga ketaversin!” degan ovoza tarqaldi.
37. Shohning jasadini Samariyaga olib kelib, o‘sha yerda dafn qildilar.
38. Aravani esa Samariyadagi hovuzda yuvdilar. Fohishalar ham shu yerda yuvinishardi. Egamizning aytgani bo‘ldi: ko‘ppaklar uning qonini yaladi.
39. Axabning boshqa ishlari, butun faoliyati, fil suyagidan qurgan saroyi, hamma mustahkam qilgan shaharlari haqida “Isroil shohlari tarixi” kitobida yozilgan.
40. Axab olamdan o‘tdi. Uning o‘rniga o‘g‘li Oxaziyo shoh bo‘ldi.
41. Isroil shohi Axab shohlik qilayotganiga to‘rt yil bo‘lganda, Yohushafat Yahudoga shoh bo‘lgan edi. Yohushafat Osoning o‘g‘li edi.
42. O‘shanda Yohushafat o‘ttiz besh yoshda edi. U Quddusda yigirma besh yil shohlik qildi. Onasi Ozibax Shilxining qizi edi.
43. Yohushafat otasi Osoning yo‘lidan yurdi. Yo‘ldan ozmay, Egamiz oldida to‘g‘ri ishlar qildi. Lekin sajdagohlarni yo‘q qilib tashlamadi. Xalq hamon o‘sha joylarda qurbonlik qilib, tutatqi tutatardi.
44. Yohushafat Isroil shohi bilan sulh tuzdi.
45. Yohushafatning boshqa ishlari, ko‘rsatgan qahramonliklari, qanday jang qilgani “Yahudo shohlari tarixi” kitobida yozilgan.
46. Otasi Oso davridan qolgan–qutgan sajdagohlardagi fahshbozlarni Yohushafat yurtdan quvib chiqardi.
47. Bu paytda Edomda shoh yo‘q, shohning noibi yurtni boshqarardi.
48. Yohushafat: “Ofirdan oltin olib kelaman”, deb dengizda savdo kemalari yasadi, lekin Ezyo‘n– Geberga borganda, kemalar parchalanib, Ofirga yeta olmadi.
49. O‘shanda Isroil shohi Oxaziyo Yohushafatga: “Mening odamlarim sening odamlaring bilan birga kemada ketsin”, degan, lekin u rozi bo‘lmagan edi.
50. Yohushafat olamdan o‘tdi. U ham bobosi Dovud qal’asida ota–bobolari yoniga dafn qilindi, uning o‘rniga o‘g‘li Yohuram shoh bo‘ldi.
51. Yohushafat Yahudoda shohlik qilayotganiga o‘n yetti yil bo‘lganda, Oxaziyo Isroilga shoh bo‘ldi. Oxaziyo Axabning o‘g‘li edi. U Samariyada istiqomat qilardi. U ikki yil Isroil shohi bo‘ldi.
52. Oxaziyo Egamiz oldida qabih ishlar qildi. Ota–onasining yo‘lidan, Isroilni gunohga botirgan Nabat o‘g‘li Yeribomning yo‘lidan ketdi.
53. Oxaziyo Baalga xizmat qilib, unga topindi. Isroil xalqining Xudosi — Egamiz uning qilmishlaridan qattiq g‘azablandi. Binobarin, otasi ham Egamizning qahrini keltirgan edi.



YouTube kanaliga xush kelibsiz!




► Uzbek tilida Muqaddas Kitob Injil (YANGILANGAN AUDIO KITOB)


Muqaddas Kitob



AJOYIB KITOBNI O'QING Muqaddas Kitob. Tavrot, Zabur, Injil
Tavrot | Zabur | Injil (+audio)
Muqaddas Kitob  Muqaddas Kitob APP
Yuklab olish - Muqaddas Kitob O'zbek tilida Injil (latin 27mb .pdf)
Скачать - Муқаддас Китоб (Инжил) (кирилл 26mb .PDF)
Муқаддас Китоб (катта шрифтли нусхаси) (кирилл 38mb .PDF)

MUQADDAS KITOB
1. Eng ko'p o'qiladigan kitob - har yili taxminan 80 million nusxada nashr etiladi
2. Muqaddas Kitob 1600 yil davomida 40 dan ortiq mualliflar tomonidan yozilgan va hech qanday qarama-qarshiliklarga ega emas.
3. Injil uch tilda (ibroniy, yunon va oromiy) va uchta qit'ada yozilgan.
4. Muqaddas Kitob toʻliq yoki qisman 2377 til va dialektga tarjima qilingan.

Xush kelibsiz!

Яхши аудио Китоблар
Audiokitoblar Uzbek tilida


Kinolar va Multiklar
Kinolar Uzbek tilida


Audiokitob - Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd
Audiokitob Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd


Аудио Кутубхона
Audiokitob Uzbek tilida

Telegram bot: @audio_kito_bot
Kanal: @kitoblar_elektron_uz


Qaysi kitoblarni tinglashni istaysiz?
Qaysi kitoblarni tinglashni istaysiz?

docs.google.com/forms


Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

Matto Muqaddas xushxabar  Mark Muqaddas xushxabar  Luqo Muqaddas xushxabar  Yuhanno Muqaddas xushxabar  Havoriylarning faoliyati  Yoqubning maktubi  Butrusning birinchi maktubi  Butrusning ikkinchi maktubi  Yuhannoning birinchi maktubi  Yuhannoning ikkinchi maktubi  Yuhannoning uchinchi maktubi  Yahudoning maktubi  Rimliklarga maktub  Korinfliklarga birinchi maktub  Korinfliklarga ikkinchi maktub  Galatiyaliklarga maktub  Efesliklarga maktub  Filippiliklarga maktub  Kolosaliklarga maktub  1-Salonikaliklarga  2-Salonikaliklarga  Timo'tiyga birinchi maktub  Timo'tiyga ikkinchi maktub  Titusga maktub  Filimo'nga maktub  Ibroniylarga maktub  Yuhannoga ko'rsatilgan vahiy


Sharhlar

...ҳар куни — байрамнинг биринчи кунидан охирги кунигача Худонинг Таврот китобидан ўқиб берди...

...kunidan oxirgi kunigacha Xudoning Tavrot kitobidan o‘qib berdi...
Naximiyo 8:18


Yaxshi audio kitoblarni yuklab oling uzbek tilidagi

911. Xudoning irodasini izlash (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. Haqiqiy sevgini izlash (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. Rejalashtirilmagan homiladorlik (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. O'z joniga qasd qilish haqidagi fikrlar (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. Jinsiy zo‘rlanish (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. Ota-onaning ajralishi (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. Nizolar (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. Yaqin insonning vafot etishi (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    Сенинг Чўққиларинг томон йўл (Ханна Харвард)    Фаришталар ҳам сукут сақлаган эдилар (Макс Лукадо)    Худонинг Буюклиги (Эйден Тозер)    Яраланган юрак (Дэн Аллендер)    Худонинг Муқаддаслиги (Роберт Спраул)    Фарзандингиз учун қай тариқа чўпон бўлиш мумкин? (Тед Трипп)    Энага яна ёрдамга шошади (Мишель Лароу)  Сандон устида (Макс Лукадо)    Гувохлик ва биография (Николай Бойко Ерофеевич)    Турмуш ўртоғингиз нотўғри ёъл тутганда, Сиз тоғри ёъл тудинг (Лесли Верник)    Матонат соҳиби (Джош Макдауелл)    Бахтли оила (Абдулла Рашидов)    Zamonamiz durdonasi (Nikolay Boyko)    Худди Исо Каби (Макс Лукадо)    Уни Нажоткор деб аташлари таажжубли эмас (Макс Лукадо)    Дарбадар ўгилнинг қайтиши (Генри Нувен)    Худо жуда яқин келди (Макс Лукадо)    Эски Аҳд аёллари ҳақида вазлар (Чарлз Спержен)    Iso bizning taqdirimiz (Vilgelm Bush)    Сиз осмонда қилолмайдиган иш (Марк Кехилл)    Дарбадар ўғил (Чарлз Спержен)    Ҳомиладорлигим кундалиги (Вера Самарина)    Иброҳимнинг оиласи: парчаланган шажарани шифолаш (Дон Мак-Керри)    Зулматдаги нур (Доктор Джеймс ва Ширли Добсон)    Митти Тиллақўнғиз ва Серқуёш ўтлоқзор аҳолиси (Майя Огородникова)    Подшоҳнинг сири  (Урусла Марк)    Яна қароқчилар қўлидами? (Урусла Марк)    Қароқчиларникидай  эмас (Марк Урусла)    Эътиқод уфқлари (Георгий Винс)    (Биродар Андрей ва Алекс Янсен) Сирли масиҳийлар    Масиҳийлик таълимоти асослари (Роберт Спраул)    Ҳаёт бўронларига бардош беринг (Пол Эстебрукс)    Абадийликка ишонаман (Николай Ерофеевич Бойко)    Ўсмир ибодатининг кучи (Сторми Омартиан) kitob Uzbek tilida    Чегарасиз хает (Ник Вуйчич) kitob Uzbek tilida    Севимли инсоннинг ҳаёти (Генри Нувен) kitob Uzbek tilida    Довюраклар (Макс Лукадо) kitob Uzbek tilida    Бирга қилинган ибодатнинг қудрати (Сторми Омартиан) kitob Uzbek tilida    Хузур халоват амрлари (Джон Макартур) kitob Uzbek tilida    Саботли инсон (Джош Макдауелл) kitob Uzbek tilida    Shijoatkor (Nik Vuychich) kitob Uzbek tilida    Мақсад Сари Йўналтирилган Ҳаёт (Рик Уоррен) kitob Uzbek tilida    Чалғитиш номли душман (Джон Мэйсон) kitob Uzbek tilida    Мафтункор Гўзаллик (Джон ва Стейси Элдридж) kitob Uzbek tilida    Севги ва ҳурмат (Эмерсон Эггерих) kitob Uzbek tilida    Ayollar... (Nensi Demoss) kitob Uzbek tilida    Хакиат асоси (Джон Стотт) kitob Uzbek tilida    ИБОДАТГЎЙ АЁЛНИНГ КУЧИ (СТОРМИ ОМАРТИАН) kitob Uzbek tilida    ТЎҒРИ ҚАРОР (Джош ва Дотти Макдауэлл) kitob Uzbek tilida    Нега? (Филип Янси) kitob Uzbek tilida    Hayotdagi yetakchilik va ijodiy salohiyat (Rik Joyner) kitob Uzbek tilida    Ishayo 53 sharxlar (Mitch Gleyzer) kitob Uzbek tilida    Xudoga qay tarzda manzur bolish mumkin (Robert Charlz Spraul) kitob Uzbek tilida    Mukaddas ruxning siri (Robert Charlz Spraul) kitob Uzbek tilida    Ota-ona ibodatining kuchi (Stormi Omartian) kitob Uzbek tilida    Muhabbat tilsimi (Djosh Makdauell) kitob Uzbek tilida  Xudoning qalbiga mos erkak (Jim Jorj) kitob Uzbek tilida    Bolaning nazaridagi qahramon (Djosh Makdauell) kitob Uzbek tilida    G‘alamisning xati (Klayv Steyplz Lyuis) kitob Uzbek tilida    Dolzarb Savollarga Javoblar (James Paker) kitob Uzbek tilida    kitob Uzbek tilida    kitob Uzbek tilida    kitob Uzbek tilida    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Bolalar Audiokitob Uzbekcha    Bolalar kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida  Hamdu Sanolar Uzbekcha    Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musika



Kitobook – Kitoblar, AudioKitoblar: Инжил ва Muqaddas Kitob ва Инжил Каракалпак