Muqaddas Kitob

Solnomalar (ikkinchi kitob)

1. Dovud o‘g‘li Sulaymon o‘z hokimiyatini mustahkamlab oldi. Egasi Xudo u bilan birga bo‘lib, uni nihoyatda yuksaltirdi.
2. Sulaymon jamiki Isroil xalqini — mingboshilarni, yuzboshilarni, hakamlarni, Isroilning hamma yo‘lboshchilarini va urug‘boshilarini chaqirtirdi.
3. Sulaymon bilan butun jamoa Givondagi sajdagohga yo‘l olishdi. Egamizning quli Muso sahroda qurdirgan Xudoning Uchrashuv chodiri o‘sha davrda Givonda joylashgan edi.
4. Xudoning ahd sandig‘i esa Dovudning tashabbusi bilan Xirat–Yorimdan Quddusga olib kelingan edi, chunki Dovud sandiq uchun Quddusda bir joy tayyorlab, chodir o‘rnatib qo‘ygan edi.
5. Bazalil qurgan bronza qurbongoh esa hanuz Givondagi Egamiz chodirining qarshisida joylashgan edi. Bazalil Urining o‘g‘li va Xurning nevarasi edi. Sulaymon va jamoa qurbongoh oldida Egamizdan Uning xohish–irodasini so‘radilar.
6. So‘ng Sulaymon Egamizning oldida Uchrashuv chodirining qarshisidagi o‘sha bronza qurbongoh ustiga chiqib, mingta qurbonlik kuydirdi.
7. O‘sha kuni kechasi Xudo Sulaymonga zohir bo‘lib, unga: — Tila tilagingni! — dedi.
8. Sulaymon Xudoga aytdi: — Sen otam Dovudga ulug‘ sevgingni ko‘rsatding. Meni uning o‘rniga shoh qilding.
9. Ey Parvardigor Egam! Otam Dovudga bergan va’dang ustidan chiq. Axir, Sen meni yerning qumiday ko‘p bo‘lgan bir xalq ustidan shoh qilding.
10. Bu xalqni boshqara olishim uchun, menga donolik va ilmu ma’rifat bergin. Bo‘lmasa Sening shu qadar behisob xalqingga kim hukmronlik qila olar?!
11. Xudo Sulaymonga shunday javob berdi: — Sen o‘zing uchun mol–mulk, boylik, shon–shuhrat yoki dushmanlaringning jonini so‘ramading, hatto o‘zingga uzoq umr ham tilamading. Aksincha, Men seni ustidan shoh qilgan xalqimni boshqaray deb, donolik va ilmu ma’rifat so‘raganing uchun
12. donolik va ilmu ma’rifat senga hadya bo‘lsin. Bularga qo‘shimcha qilib senga boylik, mol–mulk va shon–shuhrat beraman, sengacha o‘tgan va sendan keyin bo‘ladigan hech qaysi shoh senga teng kelmaydi.
13. Shundan keyin Sulaymon Givondagi sajdagohda joylashgan Uchrashuv chodiridan Quddusga qaytib ketdi. U Isroil ustidan hukmronlik qila boshladi.
14. Sulaymon jang aravalari va otlarni to‘pladi. Uning 1.400 ta jang aravasi va 12.000 ta oti bor edi. Sulaymon bularning bir qismini jang aravalari saqlanadigan shaharlarga va bir qismini Quddusga — o‘zining yoniga joylashtirdi.
15. Shoh Quddusda kumushu oltinni oddiy tosh bilan baravar qilib qo‘ydi. Sadr yog‘ochlari esa ko‘pligidan Yahudo qir etaklarida o‘sadigan oddiy shikamora–anjir daraxtiga tenglashib qoldi.
16. Shohning savdogarlari Misrdan va Quvaydan Sulaymon uchun otlar olib kelishardi. Ular otlarni Quvaydan sotib olishardi.
17. Misrdan keltirgan har bir jang arava uchun 600 kumush tanga, har bir ot uchun 150 kumush tanga to‘lashardi. So‘ng bularni barcha Xet shohlariga va Oram shohlariga sotishardi.
1. Sulaymon Egamizga atab Ma’bad va o‘zi uchun shohona saroy bunyod etishga qaror qildi.
2. Sulaymon 70.000 yuk tashuvchini, qirlarda tosh kesadigan 80.000 sangtaroshni va bular ustidan nazoratchi qilib 3.600 kishini yolladi.
3. Sulaymon Tir shohi Xiramga shu xabarni jo‘natdi: “Bir vaqtlar siz otam Dovudga saroyini qurish uchun sadr yog‘ochlarini jo‘natganingiz kabi menga ham sadr yog‘ochlarini jo‘nating.
4. Men Egam Xudoga atab bir uy qurmoqchiman. U yerda xushbo‘y hidli tutatqilar tutatiladi, doimiy ravishda muqaddas nonlarnazr qilinib, xontaxta ustiga teriladi. Ertalab va kechqurunlari qurbonliklar kuydiriladi, shuningdek, Shabbat kunlarida, yangi oy bayramlarida va Egamiz Xudo belgilagan bayramlarda kuydiriladigan qurbonliklar keltiriladi. Isroil xalqi bularga doimo, avlodlar osha rioya qiladi.
5. Men qurmoqchi bo‘lgan uy hashamatli bo‘ladi, chunki Xudoyimiz boshqa xudolardan buyukdir.
6. Lekin kim Unga bir uy qura olar?! U osmonga, hatto osmoni falakka ham sig‘maydi–ku! Men kim bo‘libmanki, Unga uy qura olsam?! Faqat Unga qurbonliklar keltirish uchun bir joy tayyorlay olaman, xolos.
7. Shunday ekan, menga mohir bir ustani yuboring. U o‘ymakorlikdan bo‘lak, oltin, kumush, bronza va temirga ishlov bera oladigan, safsar, qizil va ko‘k matolar to‘qiy oladigan bo‘lsin. U Yahudo va Quddusda, otam Dovud saralagan mohir ustalarim bilan birga ishlaydi.
8. Menga Lubnondan sadr, sarv va sandal yog‘ochlarini jo‘nating. Sizning xizmatkorlaringiz Lubnon daraxtlarini kesishga usta ekanini bilaman. Mening odamlarim sizning odamlaringiz bilan birga ishlaydilar.
9. Ular men uchun katta miqdorda yog‘och tayyorlab berishsin. Men qurmoqchi bo‘lgan uy ulkan va hashamatli bo‘lishi kerak.
10. Men yog‘och kesadigan xizmatkorlaringizga ish haqi qilib 200.000 tog‘ora yanchilgan bug‘doy, 200.000 tog‘ora arpa, 40.000 ko‘za sharob va 40.000 ko‘za zaytun moyi yuboraman.”
11. Shundan keyin Tir shohi Xiram maktub orqali Sulaymonga shunday javob berdi: “Egamiz O‘z xalqini sevgani uchun, ular ustidan sizni shoh qildi.”
12. Xiram yana shu gaplarni aytdi: “Yeru ko‘kni yaratgan Isroil xalqining Xudosi — Egamizga hamdu sanolar bo‘lsin. U shoh Dovudga dono, aqlli, fahm–farosatli o‘g‘il ato qilibdi. Shu o‘g‘il Egamizga atab Ma’badni va o‘zi uchun saroyni bunyod qiladi.
13. Sizga Xurom ismli aqlli, mohir bir ustani yuboryapman.
14. Uning onasi — Dan qabilasidan, otasi esa — Tirlik. Uning o‘zi oltin, kumush, bronza, temir, tosh va yog‘ochga ishlov beradigan mohir ustadir. U safsar, ko‘k, qizil matolarni va mayin zig‘ir matoni ham to‘qishni biladi. Shuningdek, turli o‘ymakorlik ishlarni bajara oladi, unga berilgan har qanday naqshni sola oladi. Xurom sizning ustalaringiz va otangiz bo‘lmish xo‘jayinim Dovud yetishtirgan ustalar bilan birga ishlaydi.
15. Janobi oliylari! O‘zingiz aytgan bug‘doy, arpa, zaytunmoyi, sharobni qullaringizga yuboring.
16. Sizga kerak bo‘ladigan har qanday daraxtni biz Lubnondan kesib beramiz, yog‘ochlardan sol qilib, dengiz sohili bo‘ylab Yaffaga qadar keltirib beramiz. Siz o‘sha yerdan yog‘ochlarni Quddusga olib ketaverasiz.”
17. Shundan keyin Sulaymon otasi Dovud singari, Isroil yurtida istiqomat qilayotgan musofirlarning hammasini ro‘yxatga oldi. Musofirlarning soni 153.600 kishi ekan.
18. Sulaymon ularning 70.000 tasini og‘ir yuk tashuvchi, 80.000 tasini qirlarda tosh kesadigan sangtarosh, 3.600 tasini esa ishlayotganlar ustidan nazoratchi qilib tayinladi.
1. Sulaymonning otasi shoh Dovud Egamizning uyi uchun Quddusda bir joy tayyorlab qo‘ygan edi. Bu joy Moriyox tog‘ida — Dovudga Egamiz zohir bo‘lgan Yobuslik O‘rnanning xirmonida edi. Sulaymon Xudoning uyini o‘sha yerda barpo qila boshladi.
2. Qurilish Sulaymon hukmronligining to‘rtinchi yili, ikkinchi oyining ikkinchi kunida boshlangan edi.
3. Sulaymon Xudoning uyi uchun poydevor qo‘ydi, poydevorning uzunligi (qadimgi o‘lchov birligiga asosan) 60 tirsak, eni 20 tirsak edi.
4. Uyning asosiy xonasi oldida ayvon bo‘lib, ayvonning uzunligi asosiy xonaning eni bilan bir o‘lchovda — 20 tirsak, balandligi 120 tirsak edi. Sulaymon ayvonning ichini toza oltin bilan qoplatdi.
5. Asosiy xonaning devorlarini oldin sarv taxtasi bilan qoplatib, ustidan toza oltinni qoplatdi, so‘ng xurmo daraxti va zanjirlar shakllarini o‘ydirib soldirdi.
6. Uyni qimmatbaho toshlar bilan bezattirdi. Parvayimdan keltirilgan oltin bilan
7. uyning to‘sinlarini, ostonalarini, devorlarini va eshiklarini qoplatdi. Devorlarga karublar suratini o‘ydirdi.
8. Sulaymon Eng muqaddas xonani ham qurdirdi. Bu xonaning uzunligi asosiy xonaning eni bilan bir o‘lchovda — 20 tirsak, eni ham 20 tirsak edi. Sulaymon bu xonani 200 pud toza oltin bilan qoplatdi.
9. Ishlatilgan oltin mixlarning umumiy og‘irligi 125 misqol edi. Yuqori xonalarning devorlari ham oltin bilan qoplandi.
10. So‘ng Sulaymon ikkita karub shaklini yasattirdi. Ularni oltin bilan qoplatib, Eng muqaddas xonaga o‘rnashtirdi.
11. -
12. -
13. Karublar yonma–yon, kiraverishga qaratib qo‘yilgan edi. Har birining ikkitadan qanoti bo‘lib, har bir qanotining uzunligi besh tirsak edi. Qanotlar yoyilgan holda yasalgan bo‘lib, karublarning bir qanoti devorga tegib turar edi. Ikkinchi qanoti esa xonaning markazida boshqa karubning qanotiga tegib turar edi. Ikkala karubning yoyilgan qanotlari jami 20 tirsakni tashkil qilar edi.
14. Sulaymon ko‘k, safsar, qizil matolardan va mayin zig‘ir matosidan ichki parda qildirib, pardaning ustiga karublar suratini soldirdi.
15. Sulaymon 35 tirsak balandlikdagi ikki ustun yasattirib, ularni Egamiz uyining old tomoniga o‘rnatdi. Har bir ustun tepasida ustunqosh bo‘lib, ustunqoshning balandligi 5 tirsak edi.
16. Ustunqoshlar to‘qilgan zanjirlar va yuzta anor surati bilan bezatilgan edi.
17. Ustunlar uyning oldiga — bittasi o‘ng tomonga, ikkinchisi chap tomonga o‘rnatilgan edi. O‘ng tomondagi ustunga Yoxin deb, chap tomondagisiga Bo‘az deb nom berildi.
1. Shoh Sulaymon bronza qurbongoh yasatdi. Qurbongohning uzunligi 20 tirsak, eni ham 20 tirsak, balandligi 10 tirsak edi.
2. Keyin bronzani eritib, dumaloq shaklda hovuz yasatdi. Hovuzning bir qirg‘og‘idan narigi qirg‘og‘igacha 10 tirsak, balandligi esa 5 tirsak edi. Aylanasi 30 tirsak edi.
3. Hovuzning tashqi tomonida, qirg‘og‘i ostida aylanasiga ikki qator buqa shakli bor edi. Har bir tirsak masofada o‘ntadan shunday shakl qilingan edi. Bronza eritilib, hovuz yasalayotgan paytda, bu buqa shakllari ham qilingan edi.
4. Hovuz bronzadan yasalgan o‘n ikkita buqa ustiga o‘rnashtirilgan edi. Buqalarning uchtasi shimolga, uchtasi g‘arbga, uchtasi janubga va uchtasi sharqqa qaratilgan edi. Buqalarning orqa tomoni hovuzning ichkarisiga qaratilgan edi.
5. Hovuzning qalinligi to‘rt enli bo‘lib, chetlari kosaning chetlariga o‘xshar, shakli lolagulga o‘xshardi. Unga 6.000 ko‘za suv sig‘ardi.
6. Sulaymon o‘nta tog‘ora ham yasatdi. Tog‘oraning beshtasi hovuzning chap tomoniga, beshtasi o‘ng tomoniga o‘rnatildi. Bu tog‘oralar qurbonlik qilib kuydiriladigan hayvonlarni yuvish uchun mo‘ljallangan edi. Hovuz esa ruhoniylarning yuvinishi uchun edi.
7. -
8. Sulaymon loyihaga binoan o‘nta oltin chiroqpoya bilan o‘nta xontaxta yasatib, ularni Ma’badning asosiy xonasiga o‘rnashtirdi. Beshta chiroqpoya bilan beshta xontaxtani xonaning o‘ng tomoniga, qolgan beshta chiroqpoya bilan beshta xontaxtani xonaning chap tomoniga o‘rnashtirdi. Bulardan tashqari, oltindan yuzta tog‘oracha ham yasatdi.
9. Sulaymon ruhoniylar uchun ichki hovlini qurdirdi. Bundan tashqari, tashqi hovlini qurdirib, ikki hovli orasiga eshiklar yasatdi. Eshiklarni bronza bilan qoplatdi.
10. Hovuzni Egamiz uyining janubi–sharq tomonidagi burchagiga o‘rnashtirdi.
11. Xurom qozonlar, kurakchalar va tog‘orachalar ham yasadi. Shunday qilib, u shoh Sulaymon uchun Xudoning uyiga oid quyidagi ashyolarni yasab berdi:
12. ikkita ustun, ustunlarning tepasidagi ikkita doira shaklidagi ustunqosh, ustunqoshni o‘rab turgan ikkita to‘rsimon bezak,
13. ikkala bezakning yonlarida to‘rt yuzta anor surati, ya’ni ustunlar tepasida doira shaklidagi ikkita ustunqoshni qoplab turish uchun har bir to‘rsimon bezakning ikkala chekkasidagi anor suratlari,
14. aravalar, aravalar ustidagi tog‘oralar,
15. bitta hovuz, hovuz ostidagi o‘n ikki buqa shakli,
16. qozonlar, kuraklar, sanchiqlar va bularga aloqador barcha buyumlar. Xurom shoh Sulaymon uchun Egamizning uyiga oid ana shu ashyolarni sayqallangan bronzadan yasab berdi.
17. Shoh bu narsalarni Iordan vodiysi atroflarida — Suxo‘t va Zarido orasida loydan yasalgan qoliplarda quydirdi.
18. Sulaymon bu narsalarning hammasini ko‘p miqdorda yasattirdi, shuning uchun ishlatilgan bronzaning hisobini aniqlab bo‘lmadi.
19. Sulaymon Xudoning uyi uchun quyidagi hamma buyumlarni ham yasattirdi: oltindan yasalgan tutatqi qurbongohi, ustida muqaddas nonlar turadigan xontaxtalar,
20. toza oltindan ishlangan chiroqpoyalar va ularning moychiroqlari, bular loyihaga binoan Eng muqaddas xonaning oldida yonib turishlari kerak edi,
21. yana toza oltindan gullar, moychiroqlar, qisqichlar,
22. qaychilar, tog‘orachalar, kurakchalar va olovkuraklar yasatdi. Eng muqaddas xona va asosiy xona eshiklari ham toza oltindan yasalgan edi.
1. Shunday qilib, Sulaymon Egamizning uyiga oid hamma ishlarni bitirdi. So‘ngra u otasi Dovud nazr qilgan narsalarni olib kelib, kumush, oltin va hamma buyumlarni Xudoning uyi xazinasiga qo‘ydi.
2. Shundan so‘ng Sulaymon Isroil oqsoqollarini, hamma qabila yo‘lboshchilarini, Isroil xalqi urug‘boshilarini Quddus shahriga to‘pladi. U Egamizningahd sandig‘iniDovud qal’asidan — SiondanEgamizning uyiga olib kelmoqchi edi.
3. Ularning hammasi yettinchi oyda nishonlanadigan Chayla bayrami paytida shohning huzuriga yig‘ilishdi.
4. Isroil oqsoqollarining hammasi kelgach, levilarsandiqni yerdan ko‘tarishdi.
5. Ruhoniylar va levilar sandiq bilan birga Uchrashuv chodirini, chodirdagi barcha muqaddas buyumlarni Egamizning uyiga olib kelishdi.
6. Shoh Sulaymon va to‘plangan butun Isroil jamoasi sandiqning oldida qo‘ylar, buqalar so‘yib qurbonlik qilishdi. Qurbonlik qilingan qo‘y va buqalar shu qadar ko‘p ediki, hisobiga yetib bo‘lmasdi.
7. Ruhoniylar Egamizning ahd sandig‘ini unga atalgan joyga — Eng muqaddas xonaga, karublarning qanotlari ostiga qo‘yishdi.
8. Karublarning qanotlari sandiq usti bo‘ylab cho‘zilgan va sandiq hamda uning xodalarini berkitib turardi.
9. Xodalar shunchalik uzun ediki, ularning uchi Eng muqaddas xonaning shundaygina oldidan ko‘rinib turardi, boshqa joydan esa ko‘rinmasdi. Xodalar bugungacha ham o‘sha yerda turibdi.
10. Sandiqning ichida Muso Sinay tog‘ida qo‘ygan ikkita tosh lavhadan boshqa hech narsa yo‘q edi. Isroil xalqi Misrdan chiqqandan keyin Sinay tog‘ida Egamiz ular bilan ahd tuzgan edi.
11. Bu yerda hozir bo‘lgan ruhoniylarning hammasi, qaysi guruhga qarashli bo‘lishidan qat’iy nazar, o‘zlarini poklagan edilar.
12. Jamiki levi sozandalari — Osif, Xaman, Yodutun, ularning o‘g‘illari va qarindoshlari mayin zig‘ir matosidan tikilgan liboslarni kiyib olgan edilar. Levilar zang, arfa va liralarni ko‘tarib qurbongohning sharq tomoniga turdilar. Ularning yonidan karnay chaladigan 120 ruhoniy joy oldilar.
13. Sozandalaru karnaychilar jo‘r bo‘lib, Egamizga hamdu sano va shukrona aytar edilar. Karnay, zang va boshqa sozlar jo‘rligida qo‘shiqchilar Egamizga shunday hamdu sano kuylar edilar: “Egamiz yaxshidir, Uning sodiq sevgisi abadiydir.” Ruhoniylar Xudoning uyidan chiqib ketayotganlarida,
14. birdaniga uyni bulut qoplab, Egamizning ulug‘vorligi u yerni to‘ldirdi. Shuning uchun ruhoniylar o‘z xizmatini davom ettira olmadilar.
1. Shunda Sulaymon ibodat qildi: — Ey Egamiz! Sen, zim–ziyo zulmatda maskan qilarman, degan eding.
2. Mana endi Senga ajoyib bir uy, abadiy istiqomat qilishing uchun bir maskan barpo qildim.
3. Keyin shoh orqasiga qayrilib, tik turgan jamiki Isroil jamoasini duo qildi.
4. Shoh dedi: “Isroil xalqining Xudosi — Egamizga hamdu sanolar bo‘lsin. U otam Dovudga bergan va’dasini bajardi.
5. Egamiz otamga shunday degan edi: — Xalqim Isroilni Misrdan olib chiqqan kunimdan beri Men ulug‘lanadigan uy barpo qilish uchun Isroil qabilalarining birorta shahrini tanlamagan edim, birorta odamni xalqimga hukmron qilib saylamagan edim.
6. Mana, endi esa ulug‘lanishim uchun Quddusni tanladim, xalqim ustidan hukmron bo‘lsin deb, Dovudni sayladim.
7. Isroil xalqining Xudosi — Egamizga atab bir uy barpo qilmoq otam Dovudning niyati edi.
8. Lekin Egamiz otam Dovudga shunday deb aytdi: — Modomiki, Menga atab bir uy barpo qilmoqni ko‘nglingga tuygan ekansan, yaxshi qilibsan.
9. Biroq Menga atab o‘sha uyni sen emas, balki sening pushti kamaringdan bino bo‘ladigan o‘g‘ling barpo qiladi.
10. Egamiz va’da bergan edi, bajo ayladi: otam Dovudning o‘rniga taxtga men chiqdim, Egamiz va’da etganiday, Isroil taxtiga o‘tirdim, Isroil xalqining Xudosi — Egamizga atab bir uy bino qildim.
11. O‘sha uyga Ahd sandig‘ini o‘rnashtirdim. Egamizning Isroil xalqi bilan qilgan ahd lavhalari shu sandiqning ichida turibdi.”
12. Sulaymon Egamizning qurbongohi oldida Isroil jamoasi ro‘parasida qo‘llarini ko‘kka cho‘zdi.
13. U supaning ustida turar edi. Bu supani Sulaymon bronzadan yasab, uni hovlining o‘rtasiga o‘rnatgan edi. Supaning uzunligi besh tirsak, eni ham besh tirsak, balandligi uch tirsak edi. Sulaymon butun Isroil jamoasi oldida tiz cho‘kib, qo‘llarini ko‘kka cho‘zgancha,
14. ibodat qila boshladi: “Ey Isroil xalqining Xudosi — Egamiz! Na ko‘kda, na yerda Senga o‘xshashi yo‘q. Senga butun qalbi bilan bog‘lanib, Sen ko‘rsatgan yo‘ldan yuradigan qullaringga Sen ahdingni sodiq saqlaysan.
15. Quling — otam Dovudga Sen O‘z og‘zing bilan bergan va’dalaringni bugun qo‘ling bilan bajo aylading.
16. Ey Isroil xalqining Xudosi — Egamiz! O‘zingning qulingga — otam Dovudga: — Bolalaring ham senga o‘xshab qonunlarimga rioya qilib, o‘ylab qadamini bossalar, sening naslingdan bo‘lgan erkak zoti to abad Isroil taxtida o‘tiradi, — deb va’da bergan eding. Endi bergan va’dangni ado et!
17. Ey Isroil xalqining Xudosi — Egamiz! Quling Dovudga aytganlaring to‘g‘ri chiqsin, deb iltijo etaman.
18. Xudo yer yuzida inson zoti bilan yasharmidi?! Sen osmonga, hatto osmoni falakka ham sig‘massan. Falak oldida men qurgan uy nima bo‘libdi?!
19. Ey Egam Xudo, iltijo bilan qilgan ibodatimni qabul et! Senga yolvorib qilayotgan iltijolarimga javob ber.
20. Sen: “Men o‘sha yerda ulug‘lanay”, deb aytgan eding. Ko‘zlaring kechayu kunduz o‘sha joyga — o‘sha uyga qadalib tursin. Men, quling o‘sha tomonga qarab ibodat qilaman, ibodatlarimni tingla.
21. Isroil xalqi bilan birga o‘sha tomonga qarab qilgan iltijolarimizga quloq tut. Samolardan — O‘z makoningdan turib quloq sol, eshitginu gunohimizdan o‘t.
22. Kimdir gunohkorlikda ayblansa, o‘sha odam kelib, shu uyingdagi qurbongohing oldida aybsizman, deb ont ichsa,
23. ey Egam, samodan turib quloq sol, qullaringni O‘zing hukm et. Gunohkorning qilmishini bo‘yniga qo‘y, jazosini ber. Gunohsizning esa haqligini ko‘rsat, haq bo‘lgani uchun uni ozod qil.
24. Xalqing Isroil Sening oldingda gunoh qilgani uchun yovga mag‘lub bo‘lsa, yana qaytib Seni tan olsa–da, o‘sha uyda Senga yolvorib iltijo qilsa,
25. Sen samodan turib, ularning iltijolariga quloq sol, gunohlaridan o‘t. Ularga va otalariga O‘zing bergan yurtga ularni qaytar.
26. Ular Senga qarshi gunoh etganlari uchun osmon berkilib, yomg‘ir yog‘maganda, ular o‘sha uyga qarab, Seni yana tan olib iltijo qilsalar, Sen ularni gunohlari uchun jazolaganingda, tavba qilsalar,
27. qullaring Isroil xalqiga samodan turib quloq sol, ularning gunohidan o‘t. Ularga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsat, toki o‘sha yo‘ldan ketsinlar, keyin xalqingga mulk qilib bergan yerga yomg‘ir yog‘dir.
28. Yurtda ocharchilik yo o‘lat paydo bo‘lsa, garmsel, zang kasali, chigirtka, qurt–qumursqa bossa yoki o‘z yurtida xalqingni yovlar qamal qilsa, yoxud kulfat, xastalik ularning boshiga kelsa,
29. har qanday inson yoki xalqing Isroil Senga yolvorib ibodat qilsa, har kim o‘z dard–hasratini aytib, bu uy tomon qo‘llarini cho‘zsa,
30. Sen osmondan — maskaningdan turib quloq sol va ularning gunohidan o‘t. Har birining tutgan yo‘liga qara, xizmatiga yarasha ber,
31. toki Sen O‘zing ota– bobolarimizga bergan yurtda ular umrlarining oxirigacha Sendan qo‘rqib, Sening yo‘llaringdan yursinlar. Zotan, jamiki inson bolasining ko‘nglidagini yolg‘iz Sen bilasan, xolos.
32. Xalqing Isroildan bo‘lmagan begona odam Seni deb uzoq yurtdan kelsa, Sening shuhrating, qudrating va ajoyibotlaring haqida eshitib, o‘sha uyga qarab ibodat qilsa,
33. Sen makoningdan turib quloq sol. O‘sha odamning so‘raganini bajo ayla, toki yer yuzidagi hamma xalqlar Seni bilishsin, xalqing Isroil kabi Sendan hayiqadigan bo‘lsin. Men barpo qilgan shu uy Senga atab qilinganini bilsin.
34. Sen xalqingni g‘animlariga qarshi jang qilishga yuborganingda, ular O‘zing tanlab olgan bu shaharga, Senga atab men qurgan uyga yuz burib, ibodat qilsalar,
35. osmondan turib ularning iltijolarini eshit, bajo ayla.
36. Sening oldingda ular gunoh qilganlarida, chunki gunoh qilmaydigan odamning o‘zi yo‘q, Sen g‘azablanib, ularni yaqin yoki uzoq yurtlarga asir qilib olib ketadigan dushmanlarning qo‘liga bersang,
37. ular g‘animlari yurtida asirlikda yurib, esini yig‘ib olgach: “Gunoh qildik, shakkoklik qildik, aybdormiz”, deb tavba qilib, Senga yolvorsalar,
38. asir bo‘lgan yurtda butun qalbi bilan, jonu dili bilan Senga qaytsalar, O‘zing ota– bobolariga bergan yurtga, O‘zing tanlab olgan shaharga, Senga atab men qurgan uyga yuz burib, ibodat qilsalar,
39. samodan — makoningdan turib ularning qilgan iltijolarini eshit, bajo ayla. Xalqing Senga qarshi qancha gunoh qilgan bo‘lmasin, ularni kechir.
40. Endi, ey Xudoyim, bizga nazar sol, shu joyda qilgan ibodatlarimizga quloq tut.
41. Qani, ey Parvardigor Egam, kel oromgohingga Qudrating ramzi bo‘lgan sandiq bilan birga. Ey Parvardigor Egam! Ruhoniylaring najot kiyimlarini kiyishsin. Taqvodorlaring ezguligingdan shod bo‘lishsin.
42. Ey Parvardigor Egam! Tanlagan shohingni rad qilmagin! Quling Dovudga ko‘rsatgan sevgingni yodingda tutgin.”
1. Sulaymon ibodat qilib bo‘lishi bilanoq, osmondan alanga tushib, kuydiriladigan va boshqa qurbonliklarni yamlab yubordi. Egamizning ulug‘vorligi Ma’badni to‘ldirdi.
2. Shuning uchun ruhoniylarEgamizning uyiga kira olmadilar.
3. Jamiki Isroil xalqi olov tushganini va Egamizning ulug‘vorligi Ma’badni to‘ldirganini ko‘rgach, hammalari yerga muk tushib, ta’zim qildilar va Egamizga sajda qilib, Unga shukrona aytdilar: “Egamiz yaxshidir, Uning sodiq sevgisi abadiydir.”
4. Shundan keyin shoh va barcha xalq Egamizga atab qurbonlik qildilar.
5. Shoh Sulaymon 22.000 buqani, 120.000 qo‘yni Egamizga atab qurbonlik qildi. Shu tariqa shoh va butun xalq Xudoning uyini bag‘ishladilar.
6. Ruhoniylar o‘z joylarini egalladilar. Levilar ham musiqiy asboblarni ko‘tarib, ruhoniylar singari o‘z joylariga turdilar. Dovud bu musiqiy asboblarni Egamizga hamdu sano aytish uchun yasattirgan edi, Dovudning o‘zi Egamizni madh etib, “Uning sodiq sevgisi abadiydir” deb hamdu sano aytganda, o‘sha musiqiy asboblardan foydalangan edi. Xalq tik turar, levilarning qarshisidan joy olgan ruhoniylar esa karnaylar chalardilar.
7. Sulaymon Egamizning uyi oldidagi hovli o‘rtasini ham muqaddas qildi. So‘ng o‘sha yerda kuydiriladigan qurbonliklar, don nazrlari va tinchlik qurbonliklarining yog‘ini nazr qildi, chunki bularning hammasi u yasattirgan bronza qurbongoh ustiga sig‘magan edi.
8. Keyin Sulaymon va u bilan birga nihoyatda katta jamoa — Levo–Xomatdan tortib Misr soyligiga qadar yerlarda yashaydigan butun Isroil xalqi yetti kun davomida Chayla bayramini nishonlashdi.
9. Ular yetti kun qurbongohning Xudoga bag‘ishlanishini nishonlashdi, keyin yana yetti kun Chayla bayramini qilishdi. Chayla bayramidan keyin muqaddas yig‘in qilishdi.
10. Yettinchi oyning yigirma uchinchi kuni Sulaymon xalqni o‘z uylariga jo‘natdi. Egamizning Dovudga, Sulaymonga va Isroil xalqiga ko‘rsatgan muruvvati tufayli hammaning ko‘ngli shodlikka to‘lgan edi.
11. Sulaymon Egamizning uyini ham, o‘zining saroyini ham qurib bo‘ldi. Mo‘ljallangan hamma yumushlarni muvaffaqiyat bilan tamom qildi.
12. Keyin Egamiz kechasi Sulaymonga zohir bo‘lib, unga aytdi: “Menga qilgan iltijolaringni eshitdim, bu uyni O‘zimga qurbonliklar keltiriladigan joy qilib tanladim.
13. Yomg‘ir yog‘masin deb osmonni berkitganimda, yoki chigirtkalarga yer yuzini yeb bitirishi uchun amr berganimda, yoxud xalqimning orasiga o‘lat kasalini yuborganimda,
14. Mening nomim bilan atalgan xalqim tavba qilib, Menga iltijo qilsa, Menga yuz burib qabih yo‘llaridan qaytsa, Men osmondan turib ularning iltijolarini eshitaman, gunohlarini kechirib, yurtiga shifo beraman.
15. Endi sizlarga nazarimni solaman, bu joyda qilgan ibodatlaringizga quloq tutaman.
16. Men to abad ulug‘lanishim uchun bu uyni tanlab, muqaddas qildim. Bu uydan ko‘zimni uzmayman, qalbim u yerni maskan qiladi.
17. Agar sen Mening oldimda otang Dovud kabi yursang, Men amr etgan hamma farmonlarimni ijro etsang, qonun–qoidalarimni mahkam tutsang,
18. shohlik taxtingni abadiy mustahkam qilaman. Shunda otang Dovud bilan tuzgan ahdim, unga: “Sening naslingdan bo‘lgan erkak zoti to abad Isroilda hukmronlik qiladi” deb aytgan gaplarim amalga oshadi.
19. Bordi–yu, sen yo‘limdan qaytsang, bergan amr va farmonlarimni tark etsang, borib boshqa xudolarga xizmat qilsang, ularga topinsang,
20. seni O‘zim bergan yurtdan qo‘porib tashlayman. Ulug‘lanishim uchun muqaddas qilgan bu uyni tark etaman. Ana o‘shanda bu uy hammaning og‘zida duv–duv gap bo‘ladi, hamma xalqlar uyimni masxara qiladi.
21. Hozir ajoyib bo‘lib turgan uyning yonidan o‘tganlar dahshatga tushadilar: — Nimaga ularning Egasi bu yurtni va bu uyni mana shu ahvolga soldi ekan–a? — deydigan bo‘ladilar.
22. So‘ng yana o‘zlari shunday xulosa chiqaradilar: — E–ha, ular ota–bobolarini Misr yurtidan olib chiqqan, Egasi Xudodan yuz o‘girdilar–ku! Boshqa xudolarga ergashib, o‘sha xudolarga topinib, xizmat etdilar–ku! Qilmishlariga yarasha o‘zlarining Egasi ularning boshiga shu ko‘rgiliklarni solibdi–da.”
1. Sulaymon Egamizning uyini va o‘z saroyini yigirma yilda bitirgan edi.
2. So‘ngra shoh Xiram bergan shaharlarni qaytadan qurib, Isroil xalqini o‘sha shaharlarga joylashtirdi.
3. Sulaymon Xomat–Zo‘voga yurish qilib, u joyni qo‘lga kiritdi.
4. U sahrodagi Tadmo‘r shahrini va Xomatdagi ombor shaharlarni tuzatib mustahkamladi.
5. U yana tepadagi Bayt–Xo‘ronni va pastki Bayt–Xo‘ronni qaytadan qurdi, bu shaharlarni devor bilan o‘radi, tambalanadigan darvozalar o‘rnatdi.
6. Baalat shahrini, o‘zining hamma ombor shaharlarini, hamma jang aravalari saqlanadigan shaharlarni, otliqlari turadigan shaharlarini qaytadan tuzatib mustahkamladi. Bundan tashqari, Quddusda, Lubnonda, shohlikning hamma burchaklarida nima istasa, barpo qildi.
7. Shu o‘lkada qolib ketgan Amor, Pariz, Xiv, Xet va Yobus xalqlari Isroil xalqidan emasdi.
8. Isroil xalqi ularning bu yurtda qolib ketgan avlodlarini qirib bitirmagan edi. Sulaymon o‘sha qolib ketganlarini qarol qilib oldi. Ular bugungacha bor.
9. Lekin Sulaymon Isroil xalqidan birortasini qarollik uchun qul qilmadi. Shohning sipohlari, a’yonlari, jang aravalarining qo‘mondonlari va suvorilarining qo‘mondonlari Isroil xalqidan edi.
10. Sulaymonning ishboshilari 250 kishi bo‘lib, ular odamlar ustidan nazoratchi edilar.
11. Sulaymon Fir’avnning qizini Dovud qal’asidan unga atab barpo qilgan yangi saroyga ko‘chirtirdi. U shunday degan edi: “Mening xotinim Dovud qal’asida ortiq yashay olmaydi, chunki Ahd sandig‘i saqlangan har qanday joy muqaddasdir.”
12. Sulaymon Ma’bad ayvonining qarshisida qurgan qurbongoh ustida Egamizgaqurbonliklar kuydira boshladi.
13. U bu qurbonliklarni Musoning talablariga rioya qilgan holda Shabbat kunlarida, yangi oy shodiyonalarida va yilda bir martadan nishonlanadigan Xamirturushsiz non bayramida, Hosil bayramida va Chayla bayramida keltirar edi.
14. Sulaymon, otasi Dovud joriy qilgan qoidaga ko‘ra, ruhoniylar va levilarning xizmatlarini taqsimlab berdi. LevilarEgamizni madh qilishda va kundalik ishlarda ruhoniylarga yordam berardilar. Sulaymon Ma’bad darvozabonlarini ham guruhlarga bo‘lib, har bir darvozada ularning har kuni qiladigan ishlarini taqsimlab berdi. U bularning hammasini Xudoning odami Dovudning farmoniga muvofiq qildi.
15. Shoh Dovudning ruhoniylarga, levilarga, xazinalarga va boshqa narsalarga oid birorta ko‘rsatmasi e’tibordan chetda qolmadi.
16. Shunday qilib, Sulaymon hamma ishni o‘z nihoyasiga yetkazdi. Egamiz uyining poydevori qo‘yilgandan boshlab, to uy tamomila qurilib bo‘lgunicha bajarilgan hamma ish muvaffaqiyatli bo‘ldi.
17. Shundan so‘ng Sulaymon Edom yurtidagi Qizil dengiz qirg‘og‘ida joylashgan Ezyo‘n–Geber va Elet shaharlariga ketdi.
18. Shoh Xiram Sulaymonga o‘z kemachilari va tajribali dengizchilari boshchiligida kemalarni jo‘natdi. Ular Sulaymonning odamlari bilan birga Ofir yurtiga suzib borib, u yerdan Sulaymonga 960 pud oltin keltirib berdilar.
1. Shava malikasi Sulaymonning dong‘ini eshitgach, Quddusga keldi. U Sulaymonga topishmoqlar aytib sinab ko‘rmoqchi edi. Malika o‘zi bilan juda ko‘p miqdorda oltin va qimmatbaho toshlar, xushbo‘y ziravorlar yuklangan katta karvonni boshlab kelgan edi. Malika Sulaymonning huzuriga kirgach, ko‘nglida nima bo‘lsa, hammasini unga aytdi.
2. Sulaymon malikaning hamma savollariga javob berdi, malikaning birorta savoliga javob berishda qiynalmadi.
3. Shava malikasi Sulaymonning donoligini, u qurgan saroyni,
4. dasturxonidagi noz–ne’matlarni, a’yonlarning tartib–qoidaga ko‘ra joylashuvlarini, shoh soqiylari va bakovullarining xizmat liboslarini, Egamizning uyida shoh Sulaymon kuydirib, nazr qilgan qurbonliklarni ko‘rdi. Malika g‘oyat hayratlanib,
5. shohga dedi: — Sizning ishlaringiz, donoligingiz haqida yurtimda eshitganlarim to‘g‘ri ekan.
6. Kelib o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rmaguncha, gap–so‘zlarga ishonmagan edim. Menga donoligingizning hatto yarmini ham aytishmagan ekan. Men eshitgandan ham ortiq bo‘lib chiqdingiz!
7. Naqadar baxtiyordir odamlaringiz! Omadlidir xizmatkorlaringiz! Ular doimo huzuringizda bo‘lib, donoligingizdan bahra olishar.
8. Sizdan mamnun bo‘lib, Isroil taxti uzra o‘tqazgan Egangiz Xudoga hamdu sanolar bo‘lsin. U Isroilni to abad sevgani uchun adolat va to‘g‘rilik bilan hukm etsin, deb sizni shoh qilgan ekan.
9. Malika Sulaymonga 250 pud oltin, behisob xushbo‘y ziravorlar va qimmatbaho toshlar hadya qildi. Shava malikasi hadya qilgan xushbo‘y ziravorlarning sifati shu qadar yuqori ediki, ularga teng keladigani yo‘q edi.
10. Xiram bilan Sulaymonning Ofirdan oltin olib kelgan xizmatkorlari sandal daraxti yog‘ochlari va qimmatbaho toshlarni ham keltirgandi.
11. Shoh u yog‘ochlardan Egamizning uyi uchun ham, shoh saroyi uchun ham zinalar, musiqachilar uchun lira va arfalar yasattirdi. Bularga o‘xshaganini Yahudo yurtida hech kim hech qachon ko‘rmagan.
12. Shoh Sulaymon Shava malikasiga istagan va so‘raganining hammasini muhayyo qildi. Malika olib kelganidan ham ziyodroq narsa berdi. Shundan keyin malika hamma odamlarini ergashtirib o‘z yurtiga jo‘nab ketdi.
13. Har yili Sulaymonga kelib turadigan oltinning og‘irligi 1425 pud edi.
14. Odamlar va savdogarlarning oldi–sottisidan olinadigan soliq bunga kirmasdi. Arab shohlari va Isroil hokimlari ham Sulaymonga oltin, kumush olib kelishardi.
15. Shoh Sulaymon oltindan ikki yuzta katta qalqon yasatdi. Har bir qalqonni yasashga yarim pud oltin sarf bo‘ldi.
16. Yana oltindan uch yuzta kichik qalqon ham yasatdi. Har bir qalqon uchun 750 misqol oltin sarflandi. Shoh bu qalqonlarni “Lubnon o‘rmoni” degan uyiga qo‘ydi.
17. U yana fil tishidan katta taxt yasatib, uni toza oltin bilan qoplatdi.
18. Taxtning oltita pog‘onasi va o‘rindiqqa ulangan oltin oyoq kursisi bor edi. O‘rindiqning ikki tomonida tirsagi bor edi. Tirsaklarning yonida ikkita sher tasviri turardi.
19. Har bir pog‘onaning ikki chekkasida ham bittadan sher tasviri bo‘lib, taxtning olti pog‘onasida jami o‘n ikkita sher tasviri bor edi. Bunday taxt boshqa birorta shohlikda bo‘lmagan edi.
20. Shoh Sulaymonning ichimlik ichadigan hamma idishlari oltindan, “Lubnon o‘rmoni” degan uyidagi hamma idishlar ham toza oltindan edi. Sulaymon davrida kumush arzimas narsa bo‘lib qolgan edi.
21. Xiramning kemalari qatorida, Sulaymonning ham dengizda savdo kemalari bo‘lib, bu kemalar har uch yilda oltin, kumush, fil tishlari, turli–tuman maymunlar olib qaytardi.
22. Shunday qilib, Sulaymon boylikda ham, donolikda ham yer yuzidagi hamma shohlardan o‘tib ketdi.
23. Xudo Sulaymonga bergan donolikni eshitmoq uchun yer yuzidagi hamma shohlar uning oldiga kelgani oshiqardi.
24. Kelganlarning har biri kumush va oltin idishlar, kiyim, qurol–aslaha, xushbo‘y ziravorlar, ot va xachirlar hadya qilib olib kelar edi. Bunday hol yillab davom etardi.
25. Sulaymonning otlari va jang aravalari uchun 4.000 ta otxonasi bor edi. Bulardan tashqari, u 12.000 uchqur otga ega edi. Sulaymon otlarning bir qismini aravalar saqlanadigan shaharlarga, ikkinchi qismini o‘z yoniga — Quddusga joylashtirgan edi.
26. U Furot daryosidan to Filistlar yeriga qadar va Misr chegaralariga qadar bo‘lgan hamma shohlar ustidan hukmronlik qilardi.
27. Shoh Quddusda kumushni oddiy tosh bilan baravar qilib qo‘ydi. Sadr yog‘ochlari esa ko‘pligidan Yahudo qir etaklarida o‘sadigan oddiy shikamora–anjir daraxtiga tenglashib qoldi.
28. Shohning savdogarlari Sulaymon uchun Misrdan va boshqa barcha yurtlardan otlar olib kelishardi.
29. Sulaymonning boshqa ishlari boshdan oxirigacha Natan payg‘ambarning tarix kitobida, Shilo‘lik Oxiyoning bashoratlarida va valiy Yiddoning vahiylarida bayon etilgan. Valiy Yiddoning vahiylarida Nabat o‘g‘li Yeribom hukmronligi to‘g‘risida ham yozilgan.
30. Sulaymon Quddusda butun Isroil ustidan hukmdor edi. Uning hukmronligi qirq yil davom etdi.
31. Sulaymon olamdan o‘tdi. U otasi Dovud qal’asida ota– bobolari yoniga dafn qilindi. O‘rniga esa o‘g‘li Raxabom shoh bo‘ldi.
1. Raxabom Shakam shahriga ketdi. Jamiki Isroil xalqi ham, Raxabomni shoh qilib ko‘taramiz, deb Shakamga kelishdi.
2. Nabat o‘g‘li Yeribom bu haqda eshitib, Misrdan qaytdi. U Sulaymonning dastidan Misrga qochgan edi.
3. Isroil xalqi odam yuborib, uni ayttirib kelishgan edi. So‘ng Yeribom bilan birgalikda hammasi Raxabom huzuriga kelib, unga shu gapni aytishdi:
4. — Otangiz bizga og‘ir bo‘yinturuq solgan edi. U bizni majbur qilgan og‘ir mehnatni endi siz yengillatib, bo‘yinturuqdan xalos qiling. O‘shanda biz sizga itoat etamiz.
5. — Uch kundan keyin huzurimga kelinglar, — dedi Raxabom kelganlarga. Shunday qilib, xalq qaytib ketdi.
6. Shoh Raxabomning otasi Sulaymon hayotligi davrida oqsoqollar har doim uning oldida hoziru nozir edilar. Shoh o‘sha oqsoqollarga maslahat soldi: — Sizlar nima deysizlar, bu xalqqa nima deb javob bersam bo‘ladi?
7. Oqsoqollar shohga shunday deb maslahat berishdi: — Agar siz bu xalqqa mehr ko‘rsatib, ularni mamnun qilsangiz, ulardan yaxshi so‘zingizni ayamasangiz, ular sizga bir umr xizmat qiladilar.
8. Lekin shoh oqsoqollarning maslahatini rad qildi. Birga o‘sgan va o‘ziga xizmat qilayotgan yosh yigitlar bilan maslahatlashdi.
9. Shoh o‘sha yigitlarga dedi: — Bu xalq menga: “Otangiz bizga solgan og‘ir bo‘yinturuqdan endi bizni siz xalos qiling”, deyapti. Ularga nima deb javob berayin? Sizlar qanday maslahat berasizlar?
10. Raxabom bilan birga o‘sib–ulg‘aygan yosh yigitlar unga shunday maslahat berishdi: — Arz qilgan o‘sha xalqqa shunday deb ayt: “Mening jimjilog‘im otamning belidan ham yo‘g‘on.
11. Otam sizlarga og‘ir bo‘yinturuq solgan edi, endi men undan ham battar qilaman. Otam sizlarni qamchi bilan jazolagan ekan, men esa chayonlarga chaqtirib, jazolayman.”
12. Raxabom Yeribomga va xalqqa: “Uchinchi kuni huzurimga kelinglar”, deb aytgani uchun, xalq aytilgan paytda shoh Raxabomning huzuriga keldi.
13. Shoh oqsoqollarning bergan maslahatlarini pisand qilmay, yosh yigitlarning gapiga kirib, xalqqa keskin javob berdi:
14. — Otam sizlarga og‘ir bo‘yinturuq solgan edi, endi men undan ham battar qilaman. Otam sizlarni qamchi bilan urib jazolagan ekan, men esa chayonlarga chaqtirib jazolayman.
15. Shunday qilib, shoh xalqqa quloq solmadi. Egamizning Shilo‘lik Oxiyo orqali Nabat o‘g‘li Yeribomga bergan so‘zi bajo bo‘lishi uchun, Xudo bu voqeani shunday rejalashtirgan edi.
16. Isroil xalqi qarasaki, shoh gapga quloq solmayapti. Shundan keyin xalq unga shunday xitob qildi: “Essay o‘g‘li Dovudning bizga o‘tkazib qo‘ygan joyi yo‘q, Bizning ham undan qarzimiz yo‘q! Ey Isroil xalqi, har biringiz o‘z uyingizga qayting! Ey Dovud, endi o‘z ko‘mochingga o‘zing kul tortaver!” Shunday qilib, Isroil xalqi uylariga tarqalib ketdi.
17. Faqat Yahudo shaharlarida yashaydigan Isroil xalqi ustidangina Raxabom hukmronlik qiladigan bo‘lib qoldi.
18. Shoh Raxabom qarollar boshlig‘i Hadoramni Isroil xalqi oldiga yuborgan edi, Isroil xalqi uni toshbo‘ron qilib o‘ldirdi. Bu xabarni shoh Raxabom eshitdi–yu, shosha–pisha jang aravasiga minib Quddusga qochdi.
19. Isroil xalqi o‘sha kundan boshlab Dovud xonadonidan yuz o‘girdi.
1. Raxabom Quddusga kelib, Yahudo va Benyamin qabilalaridan 180.000 odamni sipohlikka tanlab oldi. “Shohlikni qaytarib olaman”, degan maqsadda ularni Isroil xalqiga qarshi jang qilish uchun tayyorladi.
2. Lekin o‘shanda payg‘ambar Shamayoga Egamizning quyidagi so‘zlari ayon bo‘ldi:
3. — Sulaymonning o‘g‘li, Yahudo shohi Raxabomga hamda Yahudo va Benyamin hududlarida istiqomat qilayotgan butun Isroil xalqiga shu gaplarni yetkaz:
4. “Egamiz shunday deb aytmoqda: — Qarindoshlaringizga qarshi urush boshlamanglar! Har kim o‘z uyiga qaytsin! Chunki bu ishlar hammasi Mendan bo‘ldi.” Ular Egamizning aytganini qilib, Yeribomga qarshi urush qilmadilar.
5. Raxabom Quddusda yashadi, u mudofaa uchun Yahudodagi quyidagi shaharlarni mustahkamladi:
6. Baytlahm, Etom, Taxuva,
7. Bayt–Zur, So‘xo‘, Adullam,
8. Gat, Morisho, Zif,
9. Odorayim, Laxish, Ozikah,
10. Zorox, Oyjavlon va Xevron. Bu shaharlar Yahudo va Benyamin hududlaridagi mustahkam shaharlar bo‘ldi.
11. Raxabom qal’alarni mustahkamladi. U yerga qo‘mondonlar tayin qilib, oziq–ovqat, zaytun moyi va sharob g‘amladi.
12. Har bir shaharni qalqon va nayzalar bilan ta’minlab, mudofaani g‘oyat kuchaytirdi. Shu tariqa u Yahudo va Benyamin qabilalarini qo‘li ostida saqladi.
13. Isroilning barcha hududlaridagi ruhoniylar va levilar Raxabomning tarafdorlari edilar.
14. Levilar hatto o‘z yaylovlarini va mulklarini tashlab, Yahudo va Quddusga kelgan edilar. Chunki Isroil shohi Yeribom va uning o‘g‘illari levilarga Egamizning ruhoniylari sifatida xizmat qilishga yo‘l qo‘ymagan edilar.
15. Yeribom begona xudolarga atalgan sajdagohlarda xizmat qilish uchun o‘z ruhoniylarini tayinladi. Ular Yeribom yasattirgan oltin buzoqlarga va echki jinlariga topinar edilar.
16. Isroilning hamma qabilalaridan Egamiz Xudoga chin yurakdan intilganlar esa ota– bobolarining Xudosi — Egamizga qurbonlik qilish uchun levilar va ruhoniylarga ergashib, Quddusga keldilar.
17. Buning natijasida Yahudo shohligi mustahkam bo‘ldi. Ular Dovud bilan Sulaymonga qanday xizmat qilgan bo‘lsalar, Raxabomga ham uch yil davomida sadoqat bilan xizmat qildilar.
18. Raxabom Dovud o‘g‘li Yarimo‘tning qizi Maxalatga uylandi. Maxalatning onasi Abuhayil, Essay o‘g‘li Eliyobning qizi edi.
19. Raxabom Maxalatdan Yoush, Shamariyo va Zaham degan o‘g‘illar ko‘rdi.
20. Keyinchalik u Absalomning qizi Maxoni o‘ziga xotin qilib oldi. Maxodan Abiyo, Attay, Zizo va Shalumit degan o‘g‘illar ko‘rdi.
21. Raxabom boshqa xotinlari va cho‘rilariga qaraganda, Absalomning qizi Maxoni yaxshi ko‘rardi. Raxabomning o‘n sakkizta xotini va oltmishta cho‘risi bo‘lib, u bulardan yigirma sakkiz o‘g‘il va oltmish qiz ko‘rdi.
22. Maxodan tug‘ilgan o‘g‘li Abiyoni taxt vorisi qilish niyatida, hamma aka–ukalari orasida bosh shahzoda qilib tayinladi.
23. Raxabom donolarcha ish tutib, qolgan o‘g‘illariga mas’uliyatni taqsimlab berdi, ularni Yahudo va Benyamin hududidagi mustahkam shaharlarga o‘rnashtirdi. Ularga hamma narsani mo‘l qilib yetkazdi, ularni ko‘p xotinlarga uylantirdi.
1. Raxabom o‘z hukmronligini mustahkamlab, kuchayib ketgach, u bilan birga butun Isroil xalqi Egamizning qonunlaridan yuz o‘girdi.
2. Ular Egamizga qilgan bevafoligi uchun, Raxabom shohligining beshinchi yilida Misr shohi Shishax Quddusga bostirib keldi.
3. Shishax o‘zi bilan 1200 jang aravani, 60.000 otliq lashkarni, shuningdek, Misrdan Liviyalik, Suxo‘tlik va Habashistonlik son–sanoqsiz qo‘shinni tortib keldi.
4. Shishax Yahudoning mustahkam shaharlarini qo‘lga kiritib, Quddusgacha yetib bordi.
5. Shunda payg‘ambar Shamayo Raxabomning va Yahudo lashkarboshilarining oldiga keldi. Ular o‘sha paytda Shishaxdan qochib, Quddusga to‘planishgan edi. Payg‘ambar Shamayo ularga dedi: — Egamiz shunday demoqda: “Sizlar Meni tark etdingiz, shuning uchun Men ham sizlarni tark etib, Shishaxning qo‘liga beraman.”
6. Shunda lashkarboshilar bilan shoh o‘zlarining ayblarini tan olib: “Egamiz adolatlidir”, dedilar.
7. Ular ayblarini tan olganlarini Egamiz ko‘rgach, Shamayoga shu so‘zlarini ayon qildi: “Ular gunohlariga iqror bo‘ldilar, shuning uchun ularni qirib tashlamayman. Shishax hujum qilganda, ularni qisman xalos etaman. Shishaxning qo‘li orqali Quddusga g‘azabimni sochmayman.
8. Biroq ularni Shishaxga qaram qilib qo‘yaman, shunda ular Menga xizmat qilish bilan boshqa yurtlarning shohlariga xizmat qilish orasidagi farqni bilib oladilar.”
9. Misr shohi Shishax Quddusga bostirib keldi. U Egamizning uyidagi va saroydagi xazinalarni tortib oldi, qo‘liga nima ilinsa, hammasini oldi. Sulaymon yasattirgan hamma oltin qalqonlarni ham oldi.
10. Shoh Raxabom oltin qalqonlar o‘rniga bronza qalqonlar yasatdi va ularni shoh saroyi darvozasini qo‘riqlaydigan soqchilar boshliqlari qo‘liga berdi.
11. Shoh Egamizning uyiga kirganda, soqchilar qalqonlarni ko‘tarib borishar, keyin esa qalqonlarni joyiga eltib qo‘yishardi.
12. Raxabom ayblarini tan olgani uchun, Egamiz g‘azabidan tushib, Yahudo xalqini tamomila qirib yubormadi. Yahudodagi ahvol yaxshilandi.
13. Shoh Raxabom Quddusda hukmronlik qilib, kuchayib boraverdi. U taxtga o‘tirgan paytda qirq bir yoshda edi. Uning onasi Ommonlik bo‘lib, ismi Namax edi. Raxabom Quddusda o‘n yetti yil shohlik qildi. Egamiz hamma Isroil qabilalarining shaharlari orasidan Quddus shahrini O‘ziga sajda qilishlari uchun tanlab olgan edi.
14. Raxabom chin yurakdan Egamizga intilmagani uchun, qabihlik qilaverdi.
15. Raxabomning butun faoliyati boshdan oxirgacha payg‘ambar Shamayo va valiy Yiddo yozgan nasabnomada bayon etilgan. Raxabom bilan Yeribom butun umri davomida urishib keldilar.
16. Nihoyat, Raxabom ham olamdan o‘tib, Dovud qal’asida ota–bobolari yoniga dafn qilindi. Uning o‘rniga o‘g‘li Abiyo shoh bo‘ldi.
1. Isroil shohi Yeribom hukmronlik qilayotganiga o‘n sakkiz yil bo‘lganda, Abiyo Yahudoga shoh bo‘ldi.
2. U Quddusda uch yil shohlik qildi. Onasining ismi Mixiyo bo‘lib, Givolik Uriyolning qizi edi. Abiyo bilan Yeribom o‘rtasida urush bo‘ldi.
3. Abiyo saralangan odamlardan tashkil topgan 400.000 botir jangchisini urushga boshladi. Yeribom esa Abiyoga qarshi 800.000 saralangan bahodir jangchini saf torttirdi.
4. Abiyo Efrayim qirlaridagi Zamorayim tog‘i yonbag‘riga chiqib, gapirdi: “Ey Yeribom va butun Isroil xalqi, gapimni eshiting!
5. Isroil xalqining Xudosi — Egamiz shoh Dovud bilan qat’iy ahd tuzib, Isroil ustidan hukmronlik qilishni to abad unga va uning nasliga topshirgan. Nahotki buni bilmasangiz?!
6. Shunday bo‘lsa–da, Nabat o‘g‘li Yeribom Dovud o‘g‘li Sulaymonning xizmatida bo‘la turib, o‘z xo‘jayiniga qarshi bosh ko‘tardi.
7. Atrofiga bir guruh allaqanday yaramas odamlarni to‘plab, Sulaymon o‘g‘li Raxabomga qarshi fitna uyushtirdi. Raxabom o‘sha paytda yosh, tajribasiz bo‘lgani uchun ularga qarshilik ko‘rsata olmadi.
8. Endi esa sizlar Dovud nasli qo‘lidagi Egamizning shohligiga qarshi urush qilmoqchisizlar. Ha, sizlar ko‘pchiliksiz. Yeribom xudolar sifatida yasattirib bergan oltin buzoqlar ham yoningizda.
9. Sizlar Horunning naslidan bo‘lgan Egamizning ruhoniylarini va levilarni quvib yubordingizlar. Begona xalqlardan o‘rnak olib, oddiy odamlarni ruhoniy qilib tayinladingizlar. Qoyil–e! Yosh buqasi yoki yettita qo‘chqori bo‘lgan har kim soxta xudolaringizga ruhoniylik qila oladi–ya!
10. Lekin bizning Xudo Egamizdir, biz undan yuz o‘girmadik. Egamizga xizmat qilayotgan ruhoniylarimiz Horun naslidandir. Levilar ularga xizmatda yordam berishyapti.
11. Ular har kuni ertalab va kechqurun Egamizga kuydiriladigan qurbonliklar atashadi, xushbo‘y tutatqilar tutatishadi, toza oltindan qilingan xontaxtagamuqaddas nonlar qo‘yishadi, har oqshom oltin chiroqpoyadagimoychiroqlarni yoqishadi. Ha, biz Egamiz Xudoning talablarini bajaramiz, sizlar esa Uni tark etdingizlar.
12. Xudo biz bilan birgadir, U bizning yo‘lboshchimizdir. Uning ruhoniylari karnaylar chalib, sizlarga qarshi jangga da’vat qiladi. Ey Isroil xalqi! Ota– bobolaringizning Xudosi — Egamizga qarshi jang qilmang, siz baribir muvaffaqiyatga erishmaysiz!”
13. Shu orada Yeribom bildirmay sipohlarining bir qismini Yahudo lashkarlarining orqa tomoniga pistirma qo‘yish uchun jo‘natdi. Sipohlarining asosiy qismi esa Yahudo lashkarlarining old tomonida saf tortgan edi.
14. Yahudo lashkarlari qarasalar, qurshovda qolishibdi. Ular Egamizdan yordam so‘rab yolvorishdi, ruhoniylar karnaylarini chalishdi.
15. Yahudo lashkarlari ovozi boricha hayqirdilar. Ularning jangovar hayqirig‘i ostida Xudo Yeribomni hamda butun Isroil lashkarlarini Abiyo va Yahudo xalqi oldida mag‘lub qildi.
16. Isroil lashkarlari Yahudo lashkarlari oldiga tushib qochdilar. Xudo Isroil lashkarlarini Yahudo lashkarlarining qo‘liga berdi.
17. Abiyo va uning lashkarlari ularga og‘ir talafot yetkazdilar. Isroil lashkarlarining 500.000 ta saralangan sipohi qurbon bo‘ldi.
18. Yahudo lashkarlari ota– bobolarining Xudosi — Egamizga tayanganlari uchun, jangda Isroil lashkarlarini mag‘lub qilib, g‘alabaga erishgan edilar.
19. Abiyo Yeribomni ta’qib qilib, Baytil, Yashono va Efro‘n shaharlarini hamda o‘sha shaharlar atrofidagi qishloqlarni qo‘lga kiritdi.
20. Yeribom Abiyo davrida oldingi qudratini tiklay olmadi. Egamiz shoh Yeribomning jonini olib, uni halok qildi.
21. Abiyo esa kuchayib boraverdi. U o‘n to‘rtta xotinga uylanib, ulardan yigirma ikkita o‘g‘il va o‘n oltita qiz ko‘rdi.
22. Abiyoning boshqa ishlari, uning faoliyati va tutgan yo‘llari payg‘ambar Yiddoning tarixida bayon etilgan.
1. Abiyo olamdan o‘tdi. Uni Dovud qal’asida ota–bobolari yoniga dafn qildilar, uning o‘rniga o‘g‘li Oso shoh bo‘ldi. Uning hukmronligi davrida yurtda o‘n yil tinchlik, osoyishtalik bo‘ldi.
2. Oso Egasi Xudoning oldida yaxshi va to‘g‘ri ishlar qildi.
3. U begona xudolarga atalgan qurbongohlarni va sajdagohlarni yo‘qotdi, butsimon toshlarni parchalab tashladi, Asheraning ustunlarini kesdi.
4. Oso Yahudo xalqiga: “Ota–bobolaringizning Xudosi — Egamizga yuz buring, Uning qonun va amrlariga rioya qiling”, deb farmon berdi.
5. U Yahudoning hamma shaharlaridan sajdagohlarni va tutatqi qurbongohlarini yo‘qotdi. Uning hukmronligi davrida shohlikda tinchlik, osoyishtalik bo‘ldi.
6. Yurtda tinchlik hukmron bo‘lgan paytda, Oso Yahudodagi shaharlarni mustahkamladi. Egamiz unga osoyishtalik ato qilgani uchun, o‘sha yillari urush bo‘lmadi.
7. U Yahudo xalqiga aytdi: “Kelinglar, shaharlarni devorlar bilan o‘raylik, minoralar quraylik, tambalanadigan darvozalar o‘rnatib, shaharlarni mustahkamlaylik. Biz Egamiz Xudoga itoat qilganimiz uchun, bu yurt hali ham bizniki. Xudo bizga har tarafdan osoyishtalik ato qilgan.” Shunday qilib, ular qurilish qildilar, huzur– halovatga yetishdilar.
8. Osoning Yahudo qabilasidan 300.000 sipohi bo‘lib, ular qalqon va nayzalar bilan qurollangan edilar. Benyamin qabilasidan esa 280.000 sipohi bo‘lib, ular qalqon va yoylar bilan qurollangan edilar. Ularning hammasi bahodir jangchilar edi.
9. Habashistonlik Zerax behisob lashkari va 300 jang aravasi bilan Yahudo yurtiga hujum qilib, Morisho shahrigacha bostirib bordi.
10. Oso unga qarshi yo‘lga otlandi. Ikkala tomon Morisho yaqinidagi Zafito vodiysida saf tortishdi.
11. Oso o‘zining Egasi Xudoga iltijo qildi: “Ey Egamiz! Yolg‘iz Sengina zaifga kuchli raqibini mag‘lub qilishga yordam bera olasan. Ey Egamiz Xudo! Bizga yordam ber! Biz Senga tayanamiz. Sening noming bilan bu behisob lashkarga qarshi jangga otlandik. Ey Egamiz! Sen bizning Xudoyimizsan. Inson zoti Seni mag‘lub qilishiga yo‘l qo‘yma!”
12. Oso va Yahudo lashkari hujumni boshlagach, Egamiz Habashistonliklarni mag‘lub qildi. Habashistonliklar qocha boshladilar.
13. Oso bilan lashkarlari ularni Garorgacha quvib bordilar. Habashistonliklarning birortasi ham qochib qutula olmadi. Ularning hammasi Egamizning va Uning lashkari oldida qirilib ketdi. Yahudo lashkari ko‘p miqdorda o‘lja olib qaytdi.
14. Garor atrofidagi shaharlarda yashaydigan xalq yuz bergan voqeani eshitib, Egamizdan qo‘rqib qolgan edi. Shu sababdan Yahudo lashkarlari o‘sha shaharlarning hammasini mag‘lub qilib, talon–taroj qildilar, u yerdan mo‘l o‘lja olib ketdilar.
15. Ular cho‘ponlarning chodirlariga ham hujum qilib, ko‘p miqdorda qo‘y, echki, tuyalarni oldilar. So‘ngra Quddusga qaytib ketdilar.
1. Odod o‘g‘li Ozariyoni Xudoning Ruhi qamrab oldi.
2. Ozariyo Osoning huzuriga borib dedi: “Ey shoh Oso! ey Yahudo va Benyamin xalqi! Gapimga quloq solinglar. Sizlar Egamiz bilan bo‘lar ekansiz, U ham sizlar bilan birga bo‘ladi. Agar sizlar Egamizni izlasangizlar, Uni topasizlar. Agar Uni tark etsangizlar, U ham sizlarni tark etadi.
3. Isroil xalqi uzoq vaqt davomida haqiqiy Xudosiz yashadi. Ularga ta’lim beradigan ruhoniy yo‘q edi, qonundan mahrum edilar.
4. Lekin boshlariga og‘ir kulfat tushganda, ular Isroil xalqining Xudosi — Egamizga qaytdilar, Uni izladilar, shunda topdilar.
5. O‘sha notinch davrda yo‘lga chiqish xatarli edi, chunki hamma joyda behalovatlik va tartibsizlik hukmron edi.
6. Bir xalq ikkinchisini yakson qilardi, bir shahar boshqasini vayron etar edi, chunki Egamiz ularni iztirobga solib, behalovat qilib qo‘ygan edi.
7. Lekin sizlar dadil bo‘linglar! Tushkunlikka tushmanglar! Sizlar qilgan ishlaringiz uchun mukofot olasizlar.”
8. Oso Odod o‘g‘li Ozariyoning aytgan bashoratini eshitgach, dadillandi. U Yahudo va Benyamin yerlaridan, shuningdek, Efrayim qirlarida qo‘lga kiritgan shaharlardan makruh butlarni yo‘q qildi. Ma’bad hovlisidagi Egamizning qurbongohini tuzatdi.
9. U Yahudo va Benyamin xalqini, shuningdek, oralarida istiqomat qilayotgan Efrayim, Manashe va Shimo‘n qabilasidan bo‘lgan musofirlarni to‘pladi. Ularning ko‘pchiligi Oso hukmronligi davrida Yahudoga ko‘chib kelgan edilar, chunki Egasi Xudo Oso bilan birga bo‘lganini ko‘rgan edilar.
10. Ular Oso hukmronligining o‘n beshinchi yili uchinchi oyida Quddusda to‘plandilar.
11. O‘sha kuni o‘zlari olib kelgan o‘ljalardan yetti yuzta buqa va yetti mingta qo‘yni Egamizga qurbonlik qildilar.
12. So‘ng ota–bobolarining Xudosi — Egamizga butun qalbi bilan, jonu dili bilan intilishga ahd qildilar.
13. Kimki Isroil xalqining Xudosi — Egamizga intilmasa, xoh yosh bo‘lsin, xoh qari, xoh erkak bo‘lsin, xoh ayol, o‘ldiriladigan bo‘ldi.
14. Ular baland ovozda Egamizga qasamyod qildilar, hayqirdilar, karnay va burg‘ular chaldilar.
15. Jamiki Yahudo xalqi chin dildan qasamyod qilgani uchun xursand edi. Ular Egamizni astoydil izlaganlari uchun, Uni topdilar. Egamiz ularga har tarafdan osoyishtalik ato qildi.
16. Shoh Osoning buvisi Maxo Asheraning makruh tasvirini yasagani uchun, Oso buvisini malikalik unvonidan mahrum qildi. So‘ng buvisi yasagan tasvirni qo‘porib tashlab, parcha–parcha qilgandan keyin, Qidron soyligida yoqib yubordi.
17. Oso Isroildagi sajdagohlarni yo‘q qilmagan bo‘lsa ham, umr bo‘yi Egamizga sodiq qoldi.
18. U Egamizning uyiga otasi Abiyo Xudoga atagan ashyolarni, shuningdek, o‘zi atab qo‘ygan oltin va kumush ashyolarni olib keldi.
19. Oso shohligining o‘ttiz beshinchi yiliga qadar urush bo‘lmadi.
1. Oso hukmronligining o‘ttiz oltinchi yilida Isroil shohi Basho Yahudoga hujum qildi. Odamlar Yahudo yurtiga osonlikcha kirib chiqa olmasligi uchun, u Rama shahrini mustahkamladi.
2. Oso Egamizning uyidagi va saroydagi xazinalardan kumush va oltinlarni olib, Damashqda o‘tirgan Oram shohi Banhadadga jo‘natdi. Oso unga shu xabarni ham yubordi:
3. “Sening otang bilan mening otam o‘rtasida ittifoq bo‘lgani kabi, sen bilan mening o‘rtamda ham ittifoq bo‘lsin. Senga kumush va oltin berib yuboryapman. Isroil shohi Basho bilan ittifoq tuzgan eding, endi o‘shani bekor qil, toki u yurtimdan jo‘nab qolsin.”
4. Banhadad shoh Osoning taklifini qabul qildi, lashkarboshilariga: “Isroil shaharlariga hujum qilinglar”, deb ularni o‘sha yoqqa yubordi. Ular Iyxon, Dan, Ovil–Mayim shaharlarini va Naftali hududidagi barcha ombor shaharlarni bosib oldilar.
5. Basho bu voqeani eshitgach, Ramani mustahkamlash fikridan voz kechib, ishni to‘xtatib qo‘ydi.
6. Shoh Oso jamiki Yahudo xalqini chaqirtirib, ularga Rama shahrini mustahkamlashda Basho ishlatgan tosh va yog‘ochlarni tashittirdi. Oso o‘sha tosh va yog‘ochlar bilan G‘ibo hamda Mispax shaharlarini mustahkamladi.
7. Shu vaqtda valiy Xonin Yahudo shohi Osoning huzuriga kelib, unga aytdi: “Sen Egang Xudoga suyanmasdan, Oram shohiga suyanding. Shuning uchun Oram shohining lashkarlarini qo‘ldan boy berding.
8. Nahotki Habashistonliklar bilan Liviyaliklar esingda bo‘lmasa?! Ular son–sanoqsiz lashkari, ko‘plab jang aravalari va otliq sipohlari bilan kelgan edi–ku. O‘shanda Sen Egamizga suyanganing uchun, Egamiz ularni sening qo‘lingga bergan edi.
9. Egamiz yer yuzidagi hammani kuzatib turadi, Unga sodiq bo‘lganlarga U kuch–qudrat beradi. Sen aqlsizlarcha ish tutding. Bundan buyon sening boshing urushdan chiqmaydi.”
10. Oso valiyning bu gaplaridan g‘azablandi. U g‘azab ustida valiyni zindonga tashladi. Xalqdan ba’zilarini ham shafqatsizlarcha eza boshladi.
11. Osoning butun faoliyati, boshidan oxirigacha “Yahudo va Isroil shohlari tarixi” kitobida yozib qoldirilgan.
12. Hukmronligining o‘ttiz to‘qqizinchi yilida Osoning oyoqlari og‘riydigan bo‘lib qoldi. Uning ahvoli juda og‘ir bo‘lishiga qaramay, u kasallik paytida ham Egamizga yuzini burmadi, faqat tabiblardan yordam so‘radi.
13. Nihoyat, Oso hukmronligining qirq birinchi yilida olamdan o‘tdi.
14. Uni attorlar tayyorlagan turli–tuman ziravorlar bilan to‘la tobutga yotqizdilar. U Dovudning qal’asida, o‘zi uchun qoyadan o‘ydirgan qabrga dafn qilindi. Uning sharafiga katta gulxan yoqdilar.
1. Yohushafat otasi Oso o‘rniga shoh bo‘ldi, u Isroilga qarshi mudofaasini kuchaytirdi.
2. U Yahudodagi hamma mustahkam shaharlarga lashkarlarni joylashtirdi. Yahudo yerlarida hamda otasi Oso qo‘lga kiritgan Efrayim shaharlarida ko‘plab qo‘nolg‘alar o‘rnashtirdi.
3. Yohushafat bobosi Dovudning yo‘lidan yurgani uchun Egamiz u bilan birga bo‘ldi. Yohushafat Baalga sig‘inmay,
4. otasining Xudosiga intildi, Isroil shohlari yo‘llaridan yurmasdan, Xudoning amrlariga itoat etdi.
5. Shuning uchun Egamiz uning hokimiyatini mustahkam qildi. Butun Yahudo xalqi Yohushafatga o‘lpon to‘lardi, u katta boylik va shuhrat topdi.
6. Egamizga itoat qilishdan u zavq olar edi. Shu bois, u Yahudodagi sajdagohlarni yo‘qotdi, Asheraga atalgan ustunlarni chopib tashladi.
7. Hukmronligining uchinchi yilida xalqqa ta’lim berish uchun o‘z a’yonlari Banxayilni, Obodiyoni, Zakariyoni, Natanilni va Mixiyoni Yahudo shaharlariga jo‘natdi.
8. Levilardan Shamayo, Nataniyo, Zabadiyo, Osoyil, Shamiromo‘t, Yo‘natan, Odoniyo, To‘viyoxu va To‘doniyo hamda ruhoniylar Elishama va Yohuram ularga hamroh bo‘ldilar.
9. Ular Egamizning Tavrot kitobini olib, Yahudoning hamma shaharlariga borishdi va xalqqa ta’lim berishdi.
10. Yahudo atroflaridagi xalqlarga Egamiz qo‘rquv soldi, shuning uchun o‘sha xalqlar Yohushafatga qarshi urush qilmadilar.
11. Ba’zi Filistlar Yohushafatga katta miqdorda kumushni o‘lpon qilib olib keldilar. Arablar ham 7.700 ta qo‘chqor va 7.700 ta taka olib keldilar.
12. Yohushafat tobora kuchayib boraverdi. U Yahudoda qal’alar va ombor shaharlar qurdirdi.
13. U yerga ko‘p miqdorda oziq–ovqat to‘pladi. Quddusga tajribali bahodir jangchilarni joylashtirdi.
14. Bu jangchilar xonadonlariga ko‘ra, safarbar qilingan edilar: Yahudo qabilasining sipohlariga lashkarboshi Adnah edi. Uning qo‘li ostida 300.000 bahodir jangchi bo‘lib, ular 1.000 jangchidan tashkil topgan bo‘linmalarga bo‘lingan edilar.
15. Ikkinchi lashkarboshi Yohuxanon edi, uning qo‘li ostida 280.000 sipohi bor edi.
16. Uchinchi lashkarboshi Zixri o‘g‘li Amasiyo edi, uning qo‘li ostida 200.000 sipohi bor edi. Amasiyo o‘z xohishi bilan Egamizga xizmat qilayotgan edi.
17. Benyamin qabilasining sipohlariga lashkarboshi Elyodax edi. U bahodir jangchi bo‘lib, qo‘li ostida yoy va qalqon bilan qurollangan 200.000 sipohi bor edi.
18. Elyodaxning o‘ng qo‘l yordamchisi Yohuzabad edi, uning qo‘li ostida qurollangan 180.000 sipohi bor edi.
19. Bu jangchilar shohga Quddusda xizmat qilar edilar. Bulardan tashqari, shoh mustahkam shaharlarga boshqa lashkarlarni ham joylashtirgan edi.
1. Yohushafat nihoyatda boy bo‘lib, obro‘si oshib ketdi. U o‘g‘liga Isroil shohi Axabning qizini olib berib, Axab bilan aloqasini mustahkamladi.
2. Oradan bir necha yil o‘tgach, Yohushafat Axabni ko‘rgani Samariya shahriga bordi. Axab Yohushafat va uning hamrohlari sharafiga ko‘plab mol–qo‘y so‘ydi. U Yohushafatni Giladdagi Ramo‘t shahriga hujum qilishga ko‘ndirmoqchi bo‘lib,
3. — Giladdagi Ramo‘t uchun jang qilmoqqa men bilan borasanmi? — deb so‘radi. — Meni go‘yo o‘zing deb bil, xalqimni o‘zingning xalqing deb bil. Biz sen bilan birga urushga boramiz, — dedi Yahudo shohi Yohushafat unga.
4. Yohushafat Isroil shohiga yana aytdi: — Avval Egamizning xohish–irodasini bil–chi, U nima der ekan.
5. Isroil shohi to‘rt yuz payg‘ambarni to‘plab ulardan so‘radi: — Giladdagi Ramo‘t uchun jang qilmoqqa boraymi yoki bormaymi? — Boraversinlar, Xudo u shaharni shoh hazratlarining qo‘liga beradi.
6. — Bu yerda ulardan boshqa Egamizning birorta payg‘ambari qolmadimi? Agar bo‘lsa, undan ham so‘rab ko‘raylik, — dedi Yohushafat.
7. — Yana bir kishi bor, — dedi Axab Yohushafatga, — Yimloning o‘g‘li Mixiyo. U orqali Egamizning xohish–irodasini bilsak bo‘ladi. Lekin men uni yomon ko‘raman, chunki u men haqimda bashorat qilsa, xayrli gap aytmaydi, har doim xunuk gap aytadi. — Ey shoh, bunday deb aytma, — dedi Yohushafat.
8. Isroil shohi mulozimini chaqirib: — Tez borib, Yimloning o‘g‘li Mixiyoni olib kel, — deb buyurdi.
9. Isroil shohi Axab va Yahudo shohi Yohushafat shohlik liboslarini kiyib, har qaysisi o‘z taxtida Samariya darvozasi yonida o‘tirar, hamma payg‘ambarlar esa ularning ro‘parasida turib bashorat qilayotgan edi.
10. Xanano o‘g‘li Zidqiyo temir shoxlar yasab, dedi: — Egamiz: “Oram lashkarini qirib bitirmaguningcha, shu shoxlar bilan suzaverasan”, deb aytmoqda.
11. Boshqa payg‘ambarlar ham shohga: — Ramo‘tga boraversinlar, albatta g‘alaba qiladilar, Egamiz o‘sha shaharni shohimizning qo‘llariga beradi, — deb bashorat qildilar.
12. Mulozim Mixiyoni chaqirish uchun ketdi. U Mixiyoning oldiga kelib, unga dedi: — Qara, hozir hamma payg‘ambarlar bir og‘izdan shohga yaxshilikdan bashorat qilyaptilar. Sening bashorating ham ularnikiday bo‘lsin. Sen ham yaxshilikdan karomat qil.
13. — Xudo haqi! Xudoyim menga nimani ayon qilsa, shuni aytaman, — dedi Mixiyo.
14. Mixiyo shoh huzuriga keldi. — Ey Mixiyo, men Ramo‘tni qaytarib olish uchun jang qilmoqchiman. Shuning uchun Giladga boraymi yoki bormaymi? — deya so‘radi shoh undan. — Boraversinlar, albatta g‘olib keladilar, — dedi Mixiyo. — O‘sha shahar shoh hazratlarining qo‘liga beriladi.
15. — Faqat haqiqatni aytishing uchun, Egamiz nomini o‘rtaga qo‘yib senga necha marta ont ichdirayin? — deb shoh undan yana so‘radi.
16. — Isroil xalqini ko‘rib turibman, ular tog‘lar ustida yoyilib yurgan cho‘ponsiz qo‘ylarga o‘xshaydi, — dedi Mixiyo. — Egamiz: “Ularning xo‘jayini yo‘q, har biri o‘z uyiga tinch–omon qaytib ketsin”, dedi.
17. — U men haqimda bashorat qilganda xayrli gap aytmaydi, balki xunuk xabar aytadi, deb senga aytmaganmidim?! — deb xafaligini izhor qildi Axab Yohushafatga.
18. — Unday bo‘lsa, Egamizning so‘zlarini eshitsinlar, — dedi Mixiyo Axabga. — Men Egamizni O‘zining taxtida o‘tirgan holatda ko‘rdim. Jamiki samoviy mavjudotlar Uning o‘ng va chap tomonidan joy olgan ekan.
19. Egamiz ulardan so‘radi: “Isroil shohi Axab Giladdagi Ramo‘t shahriga borib, o‘sha yerda halok bo‘lsin, deya kim uni o‘ziga og‘dira oladi?” Biri unday dedi, boshqasi bunday dedi.
20. Bir payt ruhlardan bittasi Egamizning ro‘parasida paydo bo‘ldi va: “Uni men ko‘ndiraman”, dedi. “Qanday qilib ko‘ndirasan?” so‘radi Egamiz.
21. “Men chiqib, hamma payg‘ambarlarning og‘zida yolg‘onchi ruhga aylanaman”, dedi u. “Sen uni ko‘ndir, bor, aytganingday qil, sen uddasidan chiqasan”, dedi Egamiz.
22. Mana ko‘rdingizmi, Egamiz payg‘ambarlaringizning og‘ziga yolg‘onchi ruh solib qo‘ygan. U boshingizga falokat keltirishga qaror qilgan.
23. Shu payt Xanano o‘g‘li Zidqiyo Mixiyoning oldiga kelib, uning yuziga bir shapaloq urdi: — Nahotki, Egamizning Ruhi meni tark etib, sen bilan gaplashgani ketgan bo‘lsa?! Ayt–chi, u qaysi yo‘ldan ketdi? — so‘radi Zidqiyo.
24. — Qarab tur, sichqonning ini ming tanga bo‘lib, yashiringani ichkari xonaga yugurganingda ko‘rasan, — dedi Mixiyo Zidqiyoga.
25. — Mixiyoni ushlanglar! — buyurdi Isroil shohi. — Uni shahar hokimi Omonning va shaxzoda Yo‘shning huzuriga olib boringlar.
26. Ularga mening amrimni yetkazinglar. Ular Mixiyoni zindonga tashlashsin. Men sog‘–salomat qaytib kelgunimcha, oz–moz non–suv berib tursin, xolos.
27. — Ey xaloyiq! Hammangiz eshitib qo‘ying! Agar shoh hazratlari sog‘–salomat qaytib kelsalar, Egamiz men orqali gapirmagan bo‘ladi, — dedi Mixiyo.
28. Isroil shohi Axab bilan Yahudo shohi Yohushafat Giladdagi Ramo‘t shahriga ketishdi.
29. — Men qiyofamni o‘zgartirib, jangga kiraman, sen esa shohlik liboslaringni kiyib ol, — dedi Axab Yohushafatga. Axab qiyofasini o‘zgartirib, jangga kirdi.
30. Oram shohi jang aravalari qo‘mondoniga: “Kattasi bilan ham, kichigi bilan ham jang qilib o‘tirmanglar, asosiy hujumni Isroil shohining o‘ziga qaratinglar”, deb amr bergan edi.
31. Jang aravalari qo‘mondonlari Yohushafatni ko‘rgach: “Isroil shohi ana shu!” deb o‘ylab unga hujum boshladilar. Yohushafat lashkarini jangga da’vat qilib baqirganda, Egamiz Xudo unga yordam berib, hujumni qaytardi.
32. Aravalarning qo‘mondonlari bildilarki, u Isroil shohi emas ekan. Qo‘mondonlar orqaga qaytdilar.
33. Bir odam bexosdan yoyini tortib qo‘yib yuborgan edi, o‘q to‘ppa–to‘g‘ri Isroil shohiga kelib tegdi. Shohning ustidagi sovuti ulangan joydan o‘q kirib ketgan ekan. Shoh og‘ir jarohatlandi. — Otni orqaga bur, men jarohatlandim, lashkarlar orasidan meni olib chiqib ket! — dedi shoh izvoshchisiga.
34. O‘sha kuni g‘oyatda shiddatli jang bo‘ldi. Shoh Axab esa aravasi ustida suyanib, Oram lashkarlarini kuzatib turdi. Kechga tomon borib shoh qazo qildi.
1. Yahudo shohi Yohushafat Quddusdagi saroyiga sog‘–salomat qaytib keldi.
2. Xonin o‘g‘li valiy Yohu shoh Yohushafat bilan uchrashgani borib, unga dedi: “Qabihlarga yordam berib, Egamizdan nafratlanganlarni yaxshi ko‘rish to‘g‘rimi? Qilgan bu ishing uchun Egamiz sendan g‘azablandi.
3. Shunga qaramay, sen yaxshi ishlar ham qilgansan. Sen Asheraning ustunlarini Yahudo yurtidan yo‘q qilgansan, butun yuraging bilan Xudoga intilishga qat’iy qaror etgansan.”
4. Yohushafat Quddusda yashar edi. Biroq u tez– tez xalq orasiga chiqib, janubdagi Bershevadan tortib, to shimoldagi Efrayim qirlarigacha borar edi. Butun xalqni ota–bobolarining Xudosi — Egamizga yuz burishga da’vat etardi.
5. U Yahudodagi mustahkam shaharlarning har biriga hakamlar tayinlab,
6. ularga shunday ko‘rsatma berdi: “Hukm qilishda ehtiyot bo‘linglar, chunki sizlar inson nomidan emas, balki Egamiz nomidan hukm qilasiz. Hukm qilayotganingizda U sizlar bilan birga bo‘ladi.
7. Egamizdan qo‘rqing. Hukm chiqarganingizda ehtiyot bo‘ling, chunki Egamiz Xudo nohaqlikka, tarafkashligu poraga toqat qilmaydi.”
8. Egamizning qonuni bilan bog‘liq bo‘lgan hukmlarni chiqarish va odamlar orasidagi munozaralarni yechish uchun Yohushafat Quddusda ba’zi levilarni, ruhoniylarni va Isroil urug‘boshilarni tayinladi. Ular Quddusda yashardilar.
9. Yohushafat ularga shunday deb uqtirdi: “O‘z vazifangizni Egamizdan qo‘rqqan holda, sidqidildan, odilona bajaring.
10. Boshqa shaharda istiqomat qiladigan birodarlaringiz oldingizga qotillik yoki qonun, amr, farmon, qoidalar bilan bog‘liq bo‘lgan da’volar bilan kelsa, ularni ogohlantiring, toki ular Egamizga qarshi gunoh qilib qo‘ymasinlar, o‘zlarining va sizning boshingizga Egamizning qahrini keltirmasinlar. Shunday qilsangiz, aybdan holi bo‘lasizlar.
11. Sizlar Xudoning ishlari yuzasidan hamma hisobotni oliy ruhoniy Emoriyoga, shohning ishlari yuzasidan bo‘lgan hisobotni esa Yahudo qabilasining boshlig‘i Ismoil o‘g‘li Zabadiyoga berasizlar. Sud qarorlari amalga oshishini levilar nazorat qilib turadilar. Dadil bo‘linglar, to‘g‘ri ish qilganga Egam yor bo‘lsin!”
1. Oradan bir oz vaqt o‘tgach, Mo‘abliklar bilan Ommonliklar hamda Mavun xalqining bir qismi Yohushafatga qarshi urushgani otlandilar.
2. Xabarchilar kelib, Yohushafatga: “Son–sanoqsiz lashkar Edomdan, O‘lik dengizning narigi qirg‘og‘idan sizga qarshi kelmoqda. Ular Xazazon–Tamarni qo‘lga kiritib bo‘lishgan”, deb aytdilar. (Xazazon–Tamarning boshqa nomi Engedi edi.)
3. Yohushafat qo‘rqib ketdi. U Egamizning xohish–irodasini bilmoqchi bo‘lib, butun Yahudo bo‘ylab ro‘za e’lon qildi.
4. Yahudoning hamma shaharlaridan xalq Quddusga yig‘ilib, Egamizdan madad tiladi.
5. Yohushafat Yahudo va Quddus jamoasi qarshisida — Egamizning uyi oldidagi yangi hovlida turib,
6. iltijo qildi: “Ey ota–bobolarimizning Xudosi — Egamiz! Samodagi yagona Xudo Sensan. Sen yer yuzidagi barcha xalqlarga hukmronlik qilasan. Kuch–qudrat egasi O‘zingsan. Kim Senga bas kela olar?!
7. Ey Xudoyimiz! Xalqing Isroil bu yurtga kelganda, Sen ularning oldidan mahalliy xalqni haydab yubording, bu yurtni do‘sting Ibrohimning nasliga to abad berding.
8. Ota–bobolarimiz bu yerda yashab, Senga atab bir Ma’bad barpo qildilar. Ular shunday degan edilar:
9. — Boshimizga urush, o‘lat va ocharchilik kabi kulfatlar tushganda biz shu uying oldiga, Sening huzuringga kelamiz. Zero, Sen shu yerdasan. Kulfat ichra Senga yolvoramiz, shunda Sen iltijolarimizni eshitib, bizga najot berasan.
10. Mana qara, Ommon, Mo‘ab va Edom yurtining xalqlari bizga hujum qilyaptilar. Bizning ota– bobolarimiz Misrdan chiqqanlarida, Sen ularga bu yurtlarga kirishga ijozat bermagan eding. Ular o‘sha yurtlarni aylanib o‘tib, u xalqlarni qirib yubormagan edilar.
11. Endi esa bu xalqlarning bizga qaytargan mukofotini ko‘rib qo‘y! Sen bizga mulk qilib bergan yurtdan ular bizni haydab yubormoqchilar.
12. Ey Xudoyimiz! Sen O‘zing ularni jazola, chunki bizga hujum qilgan bu ulkan lashkarga biz qarshilik qilishga ojizmiz. Nima qilishni biz bilmaymiz, Sendan keladigan yordamga ko‘z tutib o‘tiribmiz.”
13. Shu paytda jamiki Yahudo erkaklari xotin, bola–chaqalari bilan Egamizning oldida — Ma’badda turgan edilar.
14. Shu on Egamizning Ruhi jamoa orasida turgan levi Zakariyo o‘g‘li Yaxaziyolni qamrab oldi. Yaxaziyol Osif urug‘idan bo‘lib, Binayoning nevarasi, Yaviyolning evarasi va Mattaniyoning chevarasi edi.
15. Yaxaziyol dedi: “Eshitinglar, ey Yohushafat hazratlari, butun Yahudo va Quddus ahli! Egamiz sizlarga shunday deb aytmoqda: bu son–sanoqsiz lashkardan qo‘rqmanglar, vahimaga tushmanglar! Bu jang sizniki emas, Xudonikidir.
16. Ertaga ularga hujum qilinglar. Ular Ziz dovonidan oshib tushadilar. Sizlar ularni Yarubol adirlarining etagidagi soylik boshida topasizlar.
17. Bu urushda sizlar jang qilmaysizlar. Sizlar joyingizni egallab, kutinglar. Egamiz sizlarni g‘alabaga erishtirganini ko‘rasizlar. Ey Yahudo va Quddus ahli! Qo‘rqmanglar, vahimaga tushmanglar. Ertaga ularga hujum qilinglar, Egamiz sizlar bilan birga bo‘ladi.”
18. Shundan keyin Yohushafat yer o‘pib ta’zim qildi. Butun Yahudo va Quddus ahli ham ta’zim qilib, Egamizga sajda qildi.
19. Qohot va Ko‘rax nasllaridan bo‘lgan levilar tik turib, Isroil xalqining Xudosi — Egamizga baland ovoz bilan hamdu sano o‘qidilar.
20. Yahudo lashkarlari tong saharda turib, Taxuva adirlariga yo‘l oldilar. Ular yo‘lga chiqqanlarida, Yohushafat turib dedi: “Eshiting, ey Yahudo va Quddus ahli! Egangiz Xudoga ishoning, shunda bexatar bo‘lasiz! Egamizning payg‘ambarlari aytgan gaplariga ishoning, shunda muvaffaqiyatga erishasiz!”
21. Yohushafat xalq bilan maslahatlashib bo‘lgandan keyin, Egamiz sha’niga qo‘shiq aytadigan, muqaddasligining go‘zalligiga hamdu sano o‘qiydigan qo‘shiqchilarni tayinladi. Ular lashkar oldida: “Egamizga shukronalar ayting, Uning sodiq sevgisi abadiydir”, deb qo‘shiq aytishlari kerak edi.
22. Ular ko‘shiq va hamdu sano aytishni boshlashlari bilanoq, Yahudoga qarshi kelgan Ommon, Mo‘ab va Edom xalqlariga Egamiz g‘oyibdan hujum qildi, ularni tor–mor etdi.
23. Ommon va Mo‘ab xalqlari Edom xalqiga hujum qilib, ularni bitta qoldirmay qirib tashlashdi. Ularni yo‘q qilganlaridan keyin esa bir–birlarini qirishdi.
24. Yahudo xalqi adirlarning butun manzarasini ko‘rsa bo‘ladigan balandlikka yetib kelganlarida, g‘animlar tomonga qarab, faqat yerda cho‘zilib yotgan murdalarni ko‘rdilar. Birontasi ham qochib qutulmagan edi.
25. Yohushafat o‘lja olish uchun lashkarini boshlab borganda, ular ko‘p miqdorda uy hayvonlarini, mol–holni, kiyim–kechaklarni va qimmatbaho buyumlarni topdilar. Ko‘tara olgunlaricha narsa olib ketdilar. O‘ljaning ko‘pligidan, ular uch kun narsa tashidilar.
26. To‘rtinchi kuni ular Baraka soyligida yig‘ilishib, Egamizga hamdu sano aytdilar. Shu sababdan bu soylikning nomi bugungi kunda ham Baraka soyligi deb yuritiladi.
27. Keyin butun Yahudo va Quddus xalqi Yohushafat boshchiligida xursandchilik bilan Quddusga qaytdilar, chunki Egamiz ularga dushmanlari ustidan tantana qilishga imkon bergan edi.
28. Ular arfa, lira va karnay chalib, Quddusga — Egamizning uyiga keldilar.
29. Egamiz xalqi Isroilning dushmanlarini mag‘lub qilganini eshitgan barcha xalqlar Xudodan qo‘rqib qolishdi.
30. Yohushafatning shohligi tinchlikdan bahra topdi, Xudo ularga har tarafdan osoyishtalik ato qildi.
31. Shunday qilib, Yohushafat Yahudoda hukmronlik qildi. U taxtga o‘tirgan paytda o‘ttiz besh yoshda bo‘lib, Quddusda yigirma besh yil shohlik qildi. Onasi Ozibax Shilxining qizi edi.
32. Yohushafat otasi Osoning yo‘lidan yurdi, yo‘ldan ozmay, Egamiz oldida to‘g‘ri ishlar qildi.
33. Ammo sajdagohlarni yo‘q qilib tashlamadi. Xalq hanuz ota–bobolarining Xudosiga chin yurakdan bog‘lanmadi.
34. Yohushafatning boshqa ishlari boshdan oxirigacha Xonin o‘g‘li Yohuning qo‘lyozmalarida bayon etilgan bo‘lib, “Isroil shohlari tarixi” tarkibiga kiritilgan.
35. Keyinchalik Yahudo shohi Yohushafat Isroil shohi Oxaziyo bilan ittifoq tuzdi. Oxaziyo ko‘p qabih ishlar qilgan edi.
36. Ular birgalikda Eyzun– Geberda dengiz savdo kemalarini yasadilar.
37. Shunda Morisholik Do‘davahu o‘g‘li Eliazar Yohushafatga qarshi bashorat qilib: “Sen Oxaziyo bilan ittifoq qilganing uchun, Egamiz bu kemalaringni buzib tashlaydi”, deb ogohlantirdi. Kemalar parchalanib, dengizga chiqishga muvaffaq bo‘lmadilar.
1. Yohushafat olamdan o‘tdi. U ham Dovud qal’asida ota–bobolari yoniga dafn qilindi, uning o‘rniga o‘g‘li Yohuram shoh bo‘ldi.
2. Yohuramning Ozariyo, Yoxiyol, Zakariyo, Ozariyohu, Mikoyil, Shafatiyo degan ukalari bor edi. Bularning hammasi Yahudo shohi Yohushafatning o‘g‘illari edi.
3. Otasi ularga ko‘p miqdorda oltinu kumush va qimmatbaho ashyolar bilan birga Yahudo yurtidagi mustahkam shaharlarni hadya etgan edi. Yohuramni esa to‘ng‘ich o‘g‘il bo‘lgani uchun taxt vorisi qilgan edi.
4. Yohuram otasining taxtiga o‘tirib, o‘zini mustahkamlab olgandan keyin, ukalarining hammasini va Isroil a’yonlaridan ba’zilarini qilichdan o‘tkazdi.
5. Yohuram Yahudo shohi bo‘lganda, o‘ttiz ikki yoshda edi. U Quddusda sakkiz yil hukmronlik qildi.
6. Xotini Axabning qizi bo‘lgani uchun, Yohuram ham, Axab xonadoni singari, Isroil shohlari yo‘lidan yurib, Egamiz oldida qabihliklar qildi.
7. Shunday bo‘lsa–da, Dovudning xonadonini Egamiz halokatga uchratishni istamadi, chunki U Dovud bilan ahd qilib: “Sening naslingga to abad so‘nmaydigan chiroq beraman”, deb va’da qilgan edi.
8. Yohuram davrida Edom Yahudo shohligiga qarshi isyon qildi. Edom xalqi o‘zlarining mustaqil shohligini qurdilar.
9. Yohuram hamma lashkarboshilari va jang aravalarini Edomga boshlab bordi. Edom lashkari Yohuramni va uning jang aravalari sardorlarini o‘rab oldi, lekin Yohuram tunda hujum qilib, qamalni yorib chiqdi.
10. Shunday qilib, Edom xalqi hozirgacha Yahudo hukmronligidan ozoddir. Yohuram ota– bobolarining Xudosi — Egamizni tark etgani uchun, Libna shahri ham o‘sha paytda isyon ko‘targan edi.
11. Yohuram Yahudo qirlarida sajdagohlar barpo qildi, Yahudo va Quddus aholisini Xudoga bevafolik qilishga boshladi, ularni haq yo‘ldan ozdirdi.
12. Ilyos payg‘ambar unga quyidagicha maktub yubordi: “Bobong Dovudning Xudosi — Egamiz shunday demoqda: — Sen otang Yohushafatning yo‘lidan yurmading, Yahudo shohi Osoning izidan ham bormading,
13. balki Isroil shohlarining yo‘lidan yurding. Axab xonadoni Isroilni Xudoga bevafolik qilishga boshlaganday, sen ham Yahudo va Quddus aholisini Xudoga bevafolik qilishga boshlading. Sen hatto o‘z ukalaringni o‘ldirding, ular sendan yaxshiroq edi.
14. Shu sababdan Men, Egangiz, sening xalqing, bolalaring, xotinlaring boshiga va butun mol–mulkingga og‘ir kulfat keltiraman.
15. Sen o‘zing esa og‘ir ichak xastaligiga yo‘liqasan. Ichak–chovoqlaring tashqariga chiqqunga qadar, xastaliging kundan kunga kuchayib boraveradi.”
16. Egamiz Filistlarni va Habashistonning yonida yashayotgan Arablarni Yohuramga qarshi qo‘zg‘atdi.
17. Ular Yahudoga bostirib kelib, shoh saroyidagi hamma boyliklarni, shohning o‘g‘illarini va xotinlarini olib ketdilar. Shohning kenja o‘g‘li Oxaziyodan boshqa o‘g‘li qolmadi.
18. Shundan keyin Egamiz shoh Yohuramni tuzalmas ichak xastaligiga yo‘liqtirdi.
19. Oradan ikki yil o‘tgach, Yohuramning xastaligi zo‘rayib, ichak–chovoqlari tashqariga chiqdi. Yohuram qattiq azob–uqubat bilan vafot etdi. Odamlar Yohuramning ota–bobolari sharafiga gulxan yoqishgan bo‘lsa–da, Yohuramning sharafiga gulxan yoqishmadi.
20. Yohuram taxtga o‘tirgan paytda o‘ttiz ikki yoshda bo‘lib, Quddusda sakkiz yil hukmronlik qildi. Uning o‘limi uchun hech kim qayg‘urmadi. Garchi uni Dovud qal’asiga dafn etgan bo‘lsalar– da, shohlar qabriga dafn qilmadilar.
1. Arablar qilgan bosqinchilik safari davomida Yohuramning kenja o‘g‘li Oxaziyodan boshqa hamma katta o‘g‘illarini qatl qilgan edilar. Shuning uchun Quddus aholisi Oxaziyoni o‘zlariga shoh qilishdi.
2. Oxaziyo taxtga o‘tirganda, yigirma ikki yoshda edi. U Quddusda bir yil shohlik qildi. Onasining ismi Otaliyo bo‘lib, Isroil shohi Omrining nevarasi edi
3. Oxaziyo ham Axab xonadoni yo‘lidan yurdi, chunki onasi unga qabih ishlar qilishni maslahat berardi.
4. Oxaziyo Axab nasliga o‘xshab, Egamiz oldida qabihliklar qildi. Otasi Yohuramning vafotidan keyin, shoh Axab xonadonining boshqa a’zolari Oxaziyoning maslahatchilari bo‘lib, uni halokatga boshladilar.
5. Oxaziyo ularning maslahatiga kirib, Isroil shohi Axab o‘g‘li Yoram bilan birga Giladdagi Ramo‘tga borib, Oram shohi Xazayilga qarshi urush ochdi. Yoram shu urushda yarador bo‘ldi.
6. Shoh Yoram yarasini davolatish uchun Yizril shahriga qaytib kelgan edi. Yahudo shohi Oxaziyo esa yaralangan Yoramni ko‘rgani Yizrilga bordi.
7. Xudo Oxaziyoning bu tashrifini uning halokati uchun ishlatdi. Oxaziyo Yoramnikiga yetib borgach, Yoram bilan birgalikda Nimshi nevarasi Yohuni kutib olgani chiqdi. Yohuni Egamiz Axab xonadonini qatl qilish uchun tanlagan edi.
8. Yohu Axab xonadoni ustidan chiqarilgan hukmni ijro etayotgan paytida, Oxoziyo bilan birga kelgan Yahudo a’yonlariga va Oxaziyoning jiyanlariga duch keldi. Ularning hammasini bitta qoldirmay qirib yubordi.
9. So‘ng Oxaziyoni qidira boshladi. Yohuning odamlari Samariyada yashirinib yurgan Oxaziyoni qo‘lga oldilar. Uni Yohuning oldiga olib kelib o‘ldirdilar. Ammo keyin dafn qildilar, chunki ular: “E–ha, bu Egamizga chin yurakdan intilgan Yohushafatning nevarasi–ku!” deb aytgan edilar. Oxaziyo xonadonida shohlik qiladigan hech bir kimsa qolmadi.
10. Otaliyo o‘z o‘g‘li shoh Oxaziyoning o‘ldirilganini eshitgach, Yahudoda Oxaziyoning jamiki urug‘ini qirib tashlashga kirishdi.
11. Shohning hamma o‘g‘illarini o‘ldirish rejalashtirilgan edi. Shoh Yohuramning Yohusheva degan qizi bor edi. Yohusheva Oxaziyoning o‘gay singlisi bo‘lib, ruhoniy Yohayidoga turmushga chiqqan edi. Yohusheva Oxaziyoning o‘g‘li Yo‘shni shohning o‘g‘illari orasidan bildirmasdan olib qochdi. Uni, enagasi bilan birga, Egamizning uyidagi yotoqxonaga yashirdi. Bola Otaliyodan yashirinib, tirik qoldi.
12. Otaliyo yurtni boshqargan paytda, bola olti yil davomida Xudoning uyida ular bilan birga yashirinib yurdi.
1. Yettinchi yili ruhoniy Yohayido qo‘rqmay harakatga tushdi. U quyidagi yuzboshilar bilan ahd qildi: Yeroxam o‘g‘li Ozariyo, Yohuxanon o‘g‘li Ismoil, Obid o‘g‘li Ozariyo, Odayo o‘g‘li Masiyo va Zixri o‘g‘li Elishafat.
2. Ular Yahudo yurtini kezib chiqdilar, Yahudoning hamma shaharlaridan levilarni va Isroil urug‘boshilarini yig‘ib, Quddusga olib keldilar.
3. Kelganlarning hammasi Xudoning uyiga yig‘ilib, o‘sha yerda shoh bilan ahd qildilar. Yohayido ularga shunday dedi: “Mana shohning o‘g‘li! Egamizning Dovud o‘g‘illari haqida bergan va’dasiga muvofiq, bu o‘g‘il hukmronlik qilsin.
4. Endi sizlar bunday qilasizlar: Shabbat kuni xizmat qiladigan ruhoniy va levilarning uchdan bir qismi darvozalarni qo‘riqlasin.
5. Uchdan biri — shohning uyida, uchdan biri esa Asos darvozasida bo‘lsin. Xalq ommasi Egamiz uyining hovlilarida tursin.
6. Egamizning uyiga ruhoniylar bilan xizmatdagi levilardan boshqa hech kim kirmasin. Faqat ular kira oladilar, chunki ular muqaddasdirlar. Qolgan odamlar Egamizning ko‘rsatmalariga rioya qilib, tashqarida qolsinlar.
7. Levilar qo‘lida quroli bilan shohni har tomondan o‘rab olsin, Egamizning uyiga kirgan har kim o‘ldirilsin. Shoh kirganda ham, chiqqanda ham, unga hamroh bo‘linglar.”
8. Levilar va butun Yahudo xalqi ruhoniy Yohayidoning amrlarini so‘zsiz bajardilar. Har bir yuzboshi Shabbat kuni xizmatini boshlagan va xizmatini tugatgan qo‘riqchilarini olib qoldi, chunki o‘sha kuni Yohayido qo‘riqchilarining birorta bo‘linmasiga ketishga ijozat bermagan edi.
9. Ruhoniy Yohayido Xudoning uyida turgan shoh Dovudning nayzalarini hamda katta va kichik qalqonlarini yuzboshilarga tarqatdi.
10. Shohni qo‘riqlash uchun uyning janub tomonidan shimol tomonigacha, qurbongohning va uyning atrofiga odamlarni jangga shay qilib joylashtirdi.
11. Yohayido shohning o‘g‘li Yo‘shni tashqariga olib chiqib, boshiga toj kiygizdi. Unga shohlik qonunlarini berdi. Yo‘sh shoh deb e’lon qilindi. Yohayido va uning o‘g‘illari Yo‘shning boshiga moy surtishdi, so‘ngra: “Shohimizning umrlari uzoq bo‘lsin!” deya hayqirishdi.
12. Otaliyo yugurayotgan va shohni olqishlayotgan xalqning shovqin–suronini eshitgach, Egamizning uyiga yig‘ilganlar yoniga bordi.
13. Qarasaki, Egamizning uyi eshigi yonidagi ustun oldida shoh turibdi, shohning atrofini lashkarboshilar, karnaychilar o‘rab olgan. Yurtning butun xalqi shod–xurram, karnay chalyapti, qo‘shiqchilar musiqa asboblari jo‘rligida bayram o‘tkazyapti. Shunda Otaliyo g‘azabdan liboslarini yirtib: “Xoinlik! Xoinlik!” deb baqirdi.
14. Ruhoniy Yohayido yuzboshilarni chaqirib: “U xotinni bu yerdan olib chiqib ketinglar, kimki unga ergashsa, qilichdan o‘tkazinglar”, deya buyruq berdi. Ruhoniy o‘sha ayolning Egamiz uyida o‘ldirilishini istamadi.
15. Otaliyo ushlandi va saroyning Ot darvozasiga keltirilib, o‘sha yerda o‘ldirildi.
16. Ruhoniy Yohayido, Yahudo xalqi Egamizning xalqi bo‘lsin, deya o‘zi bilan xalq va shoh orasida ahd tuzdi.
17. So‘ng butun xalq Baalning uyiga borib, uni buzib tashladi, u yerdagi qurbongohlarni va Baalning tasvirlarini sindirdi, Baalning ruhoniysi Mattonni esa qurbongohlarning ro‘parasida o‘ldirdi.
18. Yohayido Dovud bergan ko‘rsatmalarga rioya qilgan holda Egamiz uyining nazoratini levi ruhoniylariga topshirdi. Ularga Musoning qonunida yozilganiday Egamizga kuydiriladigan qurbonliklar keltirishni va Dovud amr etganday shod–xurramlik bilan qo‘shiq aytishni buyurdi.
19. Hech kim Egamizning uyiga harom bo‘lib kirmasin deb, darvozaga soqchilarni joylashtirdi.
20. So‘ngra yuzboshilarni, aslzodalarni, xalq yo‘lboshchilarini va jamiki xalqni yoniga olib, shohni Egamizning uyidan olib chiqdi. Ular Yuqori darvozadan o‘tib, shohni saroyga olib keldilar va taxtga o‘tqazdilar
21. Otaliyo o‘ldirilgani uchun, yurt xalqi sevindi. Quddus osoyishta bo‘lib qoldi.
1. Yo‘sh shoh bo‘lganda, yetti yoshda edi. U Quddusda qirq yil hukmronlik qildi. Onasi Bersheva shahridan bo‘lib, ismi Zibiyox edi.
2. Ruhoniy Yohayido hayotligida Yo‘sh Egamizning oldida to‘g‘ri ishlar qildi.
3. Yohayido Yo‘shga ikkita xotin olib berdi. Yo‘sh bu xotinlaridan o‘g‘il–qizlar ko‘rdi.
4. Oradan bir oz vaqt o‘tgach, Yo‘sh Egamizning uyini tuzatishga qaror qildi.
5. U ruhoniylarni va levilarni to‘plab, ularga aytdi: “Yahudo shaharlariga borib, Xudoyimizning uyini tuzatish uchun jamiki Isroil xalqidan yiliga to‘lanadigan soliqni yig‘ib kelinglar. Bu ishni tezlik bilan bajaringlar.” Lekin levilar bu ishni orqaga surdilar.
6. Shunda shoh oliy ruhoniy Yohayidoni chaqirtirib, undan so‘radi: “Nimaga siz levilarni soliq yig‘ib kelishlari uchun jo‘natmadingiz? Egamizning quli Muso Muqaddas ahd chodirining harajatlarini qoplash uchun bu soliqni Isroil jamoasiga solgan– ku.”
7. Qabih ayol Otaliyoning izdoshlari Xudoning uyiga bostirib kirib, u yerdagi Egamizga bag‘ishlangan ashyolarni Baalning sajda marosimlari uchun ishlatgan edilar.
8. Shohning buyrug‘i bilan, bir quti yasalib, Egamiz uyi darvozasining tashqi tomoniga o‘rnatildi.
9. Xudoning quli Muso sahroda Isroil xalqiga solgan soliqni Egamizga olib kelishlari uchun Yahudo va Quddus bo‘ylab e’lon qilindi.
10. Jamiki yo‘lboshchilar va xalq bajonidil soliq pullarini olib kelib, qutini to‘ldiraverdilar.
11. Qutida ko‘p pul yig‘ilganidan keyin, levilar qutini shoh a’yonlariga olib borishar edi. Shohning mirzasi bilan oliy ruhoniyning yordamchisi qutini bo‘shatib, uni o‘z joyiga qaytib qo‘yishar edi. Ular har kuni shunday qilishardi. Shu tariqa ko‘p miqdorda kumush to‘plashdi.
12. Shoh va Yohayido bu kumushlarni Egamizning uyidagi ishlarning boshida turgan odamlarga berdi. Ular esa bu kumushga Egamizning uyini tuzatish uchun tosh teruvchilar, duradgorlar, temir va bronzaga ishlov beradigan ustalarni yolladilar.
13. Hammalari chin yurakdan mehnat qilishdi, Xudoning uyini oldingi holatida tiklab, mustahkamlashdi.
14. Ular hamma ishlarni tugatishgach, qolgan kumushlarni shoh bilan Yohayidoga berishdi. Bu kumushlardan Egamizning uyida ishlatiladigan buyumlar yasaldi: xizmatda va qurbonliklar kuydirishda ishlatiladigan buyumlaru idishlar, shuningdek, oltin va kumushdan yasalgan boshqa anjomlar. Ruhoniy Yohayido davrida Egamizning uyida doimo kuydiriladigan qurbonliklar keltirilardi.
15. Yohayido rosa keksayib, bir yuz o‘ttiz yoshida vafot etdi.
16. U Isroil xalqi, Xudo va Xudoning uyi uchun qilgan xizmatlari evaziga Dovud qal’asida shohlar yoniga dafn qilindi.
17. Yohayidoning vafotidan keyin Yahudo a’yonlari shoh huzuriga kelishib, unga ta’zim qildilar. Shoh ularning maslahatlariga quloq soldi.
18. Natijada xalq ota–bobolarining Xudosi — Egamizning uyini tark etib, Asheraning ustunlariga va butlarga sig‘ina boshladi. Ularning bu gunohlari tufayli, Yahudo va Quddus ustiga Egamiz g‘azabini sochdi.
19. U, xalqimni qaytaray deb, oldilariga payg‘ambarlarni yubordi. Biroq xalq payg‘ambarlarning ogohiga quloq solmadi.
20. Xudoning Ruhi ruhoniy Yohayidoning o‘g‘li Zakariyoni qamrab oldi. Zakariyo xalqning oldida turib, shunday deb aytdi: “Xudo shunday demoqda: Nimaga sizlar Mening amrlarimga itoat etmayapsizlar? Shuning uchun rohat–farog‘atga erisholmaysizlar. Sizlar Meni tark etganlaringiz uchun, Men ham sizlarni tark etaman.”
21. A’yonlar Zakariyoga fitna uyushtirdilar. Shohning farmoni bilan uni Egamizning uyi hovlisida toshbo‘ron qilib o‘ldirdilar.
22. Shoh Yo‘sh Zakariyoning otasi Yohayido ko‘rsatgan olijanobliklarini eslamadi, aksincha o‘g‘lini o‘ldirdi. Zakariyo jon berayotganda: “Egamiz bu qilmishingizni ko‘rib, jazongizni bersin”, dedi.
23. O‘sha yilning oxirida Oram lashkarlari Yo‘shga hujum qilishdi. Ular Yahudo va Quddusni bosib olib, hamma xalq yo‘lboshchilarini o‘ldirishdi, olgan hamma o‘ljalarini Damashq shohiga jo‘natishdi.
24. Garchi Oram lashkarlari ozchilik bo‘lsa ham, Egamiz ularning qo‘liga Yahudoning katta lashkarini topshirgandi. Chunki Yahudo xalqi ota–bobolarining Xudosi — Egamizni tark etgandi. Shunday qilib, shoh Yo‘sh jazosini oldi.
25. Yo‘sh jangda og‘ir yaralandi. Oram lashkari ketishlari bilanoq, Yo‘shning ikki a’yoni ruhoniy Yohayido o‘g‘lining o‘chini olish uchun, Yo‘shga fitna uyushtirib, uni to‘shagida o‘ldirdilar. Yo‘shni Dovud qal’asiga dafn qildilar, biroq shohlar qabriga uni qo‘ymadilar.
26. Yo‘shga fitna uyushtirganlar Ommonlik Shimat degan ayolning o‘g‘li Zobod va Mo‘ablik Shimrit degan ayolning o‘g‘li Yohuzabad edi.
27. Yo‘shning o‘g‘illari to‘g‘risidagi to‘liq axborot, Yo‘shga qarshi aytilgan ko‘p bashoratlar va Xudoning uyi tuzatilgani to‘g‘risidagi ma’lumotlar “Shohlar Kitobiga sharhlar”da bayon etilgan. Yo‘shning o‘rniga o‘g‘li Emoziyo shoh bo‘ldi.
1. Emoziyo taxtga o‘tirgan paytda, yigirma besh yoshda edi. U Quddusda yigirma to‘qqiz yil hukmronlik qildi. Onasi Qudduslik bo‘lib, ismi Yohuvaddon edi.
2. Emoziyo Egamiz oldida to‘g‘ri ishlar qildi, ammo chin yurakdan qilmagan edi.
3. Emoziyo o‘z shohligini mustahkamlab olgandan keyin, otasini o‘ldirgan a’yonlarni yo‘q qildi.
4. Biroq Musoning Tavrotida yozilganiga ko‘ra, qotillarning bolalarini o‘ldirmadi, chunki Egamiz: “Otalar farzandlari gunohi uchun o‘ldirilmasin, farzandlar otalari gunohi uchun o‘ldirilmasin, har kim o‘zining gunohi uchungina jazolansin”, deb amr qilgan edi.
5. Emoziyo Yahudo va Benyamin qabilalarini ularning urug‘lariga ko‘ra, harbiy qismlarga bo‘ldi. Ular ustidan mingboshi va yuzboshilarni tayinladi. Emoziyoning lashkari yigirma va undan yuqori yoshdagi 300.000 saralangan jangchidan tashkil topgan bo‘lib, ularning hammasi urushga yaroqli, qilich va qalqonni mohirlik bilan ishlata olar edi.
6. Bulardan tashqari, Emoziyo ikki yuz pud kumushga Isroildan 100.000 bahodir jangchini yolladi.
7. Lekin Xudoning bir odami Emoziyoning huzuriga kelib, shu gapni aytdi: — Ey shoh! Isroil lashkarlari sen bilan bormasin, chunki Egamiz ular bilan emas. Isroil xalqiga yordam berishdan U voz kechgan.
8. Sen jasorat bilan jang qilsang ham, baribir Xudo seni g‘animlaring oldida mag‘lub qiladi, chunki yordam beradigan va mag‘lub qiladigan Xudodir.
9. Emoziyo Xudoning odamidan so‘radi: — Isroil lashkari uchun to‘lagan ikki yuz pud kumush nima bo‘ladi? — Xudoning odami: — Egamiz bundan ham ko‘prog‘ini senga berishga qodir, — deya javob berdi.
10. Shundan keyin Emoziyo Isroildan kelgan lashkarga javob berib, ularni uylariga qaytarib yubordi. Ular Yahudo xalqidan qattiq g‘azablanib, jahl ustida uylariga qaytib ketdilar.
11. Emoziyo jasorat ko‘rsatib, lashkarini Tuz vodiysiga boshlab bordi. U yerda Seirliklardan 10.000 tasini o‘ldirdi.
12. Yahudo lashkari ularning yana 10.000 tasini tiriklayin asirga olib, Sela cho‘qqisidan pastga itarib yubordilar. Ularning hammasi toshlarga urilib halok bo‘ldilar.
13. Shu orada Emoziyo orqaga qaytarib yuborgan Isroil lashkari Samariya bilan Bayt–Xo‘ron oralig‘idagi Yahudo shaharlariga hujum qildi, ular 3000 kishini o‘ldirib, ko‘p o‘lja oldilar.
14. Emoziyo Edomliklarni mag‘lub qilgandan keyin o‘zi bilan Edomliklarning xudolarini olib keldi. Ularni o‘ziga xudo qilib o‘rnatdi, o‘sha xudolarga sajda qilib, qurbonliklar keltirdi.
15. Egamiz bundan qattiq g‘azablanib, Emoziyoning huzuriga payg‘ambarini yubordi. Payg‘ambar unga shu so‘zlarini aytdi: — Nimaga sen begona xudolarga sajda qilyapsan? Bu xudolar o‘z xalqini sening qo‘lingdan qutqara olmadi–ku!
16. — Qachondan beri sen shohning maslahatchisi bo‘lib qolding?! — deb payg‘ambarning gapini bo‘ldi shoh. — Ovozingni o‘chir! Bo‘lmasa joningni olaman. Payg‘ambarning gapi og‘zida qoldi, biroq u shohni shunday deb ogohlantirib qo‘ydi: — Sen shu ishni qilib, mening maslahatimga quloq solmaganing uchun Xudo seni nobud qilishga qaror qilganini bilaman.
17. Yahudo shohi Emoziyo o‘z a’yonlari bilan maslahatlashib, Isroil shohi Yoho‘shga shunday xabar jo‘natdi: — Qani, menga jang maydonida ro‘baro‘ kelib ko‘r–chi. — Yohush Yohuxozning o‘g‘li, Yohuning nabirasi edi.
18. Isroil shohi Yoho‘sh esa bunga javoban Yahudo shohi Emoziyoga shu xabarni jo‘natdi: — Lubnondagi g‘ovtikan shu yerdagi sadr daraxtiga, “qizingni o‘g‘limga xotinlikka ber”, deb xabar yo‘llabdi. O‘sha paytda Lubnondagi yirtqich hayvon o‘sha yerdan o‘tib ketayotib, g‘ovtikanni bosib yanchib ketibdi.
19. Shunga o‘xshab sen ham: “Ko‘rib qo‘y, Edomni mag‘lub qildim”, deb maqtanib, yuraging kiborlikka to‘libdi. Uyingda o‘tiraver. Nima uchun qitmirlik qilyapsan? O‘z boshingni ham, Yahudo xalqining boshini ham baloga giriftor qilyapsan!
20. Lekin Emoziyo quloq solmadi. Bu Xudoning ishi edi. Yahudo xalqi Edomning xudolariga sajda qilgani uchun, Xudo ularni dushmanning qo‘liga berishga qaror qilgan edi.
21. Shuning uchun Isroil shohi Yoho‘sh Yahudo shohi Emoziyo ustiga yurish qildi. Ikkala tomonning lashkari Yahudoning Bayt– Shamash shahrida ro‘baro‘ keldi.
22. Isroil lashkari Yahudo lashkarini mag‘lub etdi. Yahudo lashkarining hammasi uylariga qochib ketdi.
23. Isroil shohi Yoho‘sh Yahudo shohi Emoziyoni Bayt–Shamashda asir qilib oldi. Emoziyo Oxaziyoning nevarasi, Yo‘shning o‘g‘li edi. So‘ng Yoho‘sh Emoziyoni Quddusga olib bordi. U yerda Quddus devorining Efrayim darvozasidan Burchak darvozasigacha bo‘lgan to‘rt yuz tirsak qismini buzdirdi.
24. Xudoning uyida Obidadomning nasli qo‘riqlagan hamma oltin, kumush va ashyolarni tortib oldi. Buning ustiga, saroy xazinasini va asirlarni olib, Samariyaga qaytib ketdi.
25. Yahudo shohi Emoziyo Isroil shohi Yoho‘shning o‘limidan keyin o‘n besh yil yashadi.
26. Emoziyoning qolgan faoliyati boshdan oxirgacha “Yahudo va Isroil shohlari tarixi” kitobida yozilgan.
27. Emoziyo Egamizdan yuz o‘girgan vaqtda Quddusda unga qarshi fitna uyushtirildi. Emoziyo bundan xabar topib Laxish shahriga qochdi. Ammo dushmanlari Emoziyoning ortidan odam yuborib, uni o‘sha yerda o‘ldirtirdilar.
28. Emoziyoning jasadini otda Quddusga olib keldilar. U Dovud qal’asida ota–bobolarining yoniga dafn qilindi.
1. Shundan keyin Yahudo xalqi o‘n olti yoshli Uzziyoni otasi Emoziyoning o‘rniga shoh qildi.
2. Emoziyoning vafotidan so‘ng, Uzziyo ilgarilari Yahudoga qarashli bo‘lgan Elet shahrini qo‘lga kiritib, qaytadan qurdi.
3. Uzziyo shoh bo‘lganda, o‘n olti yoshda edi. U Quddusda ellik ikki yil hukmdorlik qildi. Onasi Qudduslik bo‘lib, ismi Yoxoliyo edi.
4. Uzziyo ham, otasi Emoziyo kabi, Egamiz oldida to‘g‘ri ishlar qildi.
5. Xudoning vahiylarini ta’bir qiluvchi Zakariyoning hayot davrida Uzziyo Xudoga intilardi. U Egamizga intilgan paytda, Xudo unga huzur–halovat bag‘ishladi.
6. Uzziyo Filistlarga qarshi urush boshlab, Gat, Yobnax va Ashdod shaharlarining devorlarini buzib tashladi. U Ashdod hududida va Filistlarga qarashli boshqa joylarda shaharlar qurdi.
7. U Filistlarga, Gur–Baalda yashaydigan Arablarga va Mavunlarga qarshi urush qilganda, Xudo unga madad berdi.
8. Ommonliklar Uzziyoga o‘lpon to‘laydigan bo‘ldi. U nihoyatda kuchayib ketganidan, shuhrati Misr chegerasigacha yoyildi.
9. Bundan tashqari, Uzziyo Quddusdagi Burchak darvozasi, Soylik darvozasi va devorning qayrilgan joyida minoralar qurib, bu minoralarni mustahkamladi.
10. U sahroda mudofaa qo‘rg‘onlarini qurdirdi. Yahudo qir etaklarida va tekisliklarda boqilgan podalari ko‘p bo‘lgani uchun, ko‘plab sardobalar qazdirdi. Dehqonchilikka ixlos qo‘ygani uchun, adirlaru unumdor yerlarda ekinlar ekdirib, uzumzorlar barpo qildi. U yerda ishlaydigan dehqonu bog‘bonlari bor edi.
11. Uzziyoning mohir jangchilardan tashkil topgan lashkarlari bor edi. Bu jangchilarni kotib Yaviyol va uning yordamchisi Masiyo safarbar qilib, ularni bo‘linmalarga bo‘lgan edi. Kotib Yaviyol bilan Masiyo Xanoniyoning qo‘li ostida ish olib borar edilar. Xanoniyo shohning a’yoni edi.
12. Bu saralangan jangchilarga 2.600 urug‘boshi qo‘mondonlik qilardi.
13. Ularning qo‘li ostida jami 307.500 bahodir jangchi bo‘lib, bu katta lashkar shohni dushmanlaridan himoya qilar edi.
14. Uzziyo butun lashkarni qalqonlar, nayzalar, dubulg‘alar, sovutlar, kamonlar va sopqon toshlari bilan ta’minlagan edi.
15. U Quddusdagi minoralar ustiga va shahar devori burchaklariga olimlari kashf etgan o‘q otadigan va katta toshlarni uloqtiradigan qurollarni o‘rnatdi. Xudo unga yordam bergani uchun, u nihoyatda qudratli bo‘lib, shuhrati har yoqqa taraldi.
16. Uzziyo kuchayib ketgandan keyin, halokatga olib boradigan kiborlikka berildi. U Egamizning Ma’badiga kirib, tutatqi qurbongohida tutatqi tutatdi, shu yo‘sin o‘zining Egasi Xudoga itoatsizlik qildi.
17. Ruhoniy Ozariyo Egamizning saksonta jasur ruhoniysi bilan birga Uzziyoning ketidan bordi.
18. Ular shoh Uzziyoga tanbeh berib deyishdi: “Ey shohimiz! Egamizga tutatqi tutatish sizning ishingiz emas. Bu Horun naslidan bo‘lgan ruhoniylarning ishidir. Tutatqi tutatishga ular bag‘ishlanganlar. Qani bo‘ling, bu muqaddas joydan chiqib keting! Siz Parvardigor Egamizga itoatsizlik qildingiz. Bu qilmishingiz uchun Xudo sizni yuksaltirarmidi?!”
19. Uzziyo o‘sha paytda qo‘lidagi otashkuragi bilan tutatqi tutatishga tayyor bo‘lib turgan edi. U ruhoniylarning tanbehidan qattiq g‘azablandi, shu zahotiyoq peshanasiga yara toshdi. Bu hodisa Egamizning uyidagi tutatqi qurbongohi oldida, ruhoniylarning ko‘z o‘ngida sodir bo‘ldi.
20. Oliy ruhoniy Ozariyo bilan boshqa ruhoniylar shoh peshanasidagi qo‘rqinchli yaralarni ko‘rishgach, shohni tashqariga olib chiqishga shoshildilar. Shohning o‘zi ham tashqariga otlandi, chunki Egamiz uni jazolagan edi.
21. Uzziyo umrining oxirigacha teri kasalligidan tuzalmadi. U alohida bir uyda yolg‘iz yashadi. Egamizning uyiga kirish unga man etilgan edi. Yurtdagi xalqni ham, shoh saroyini ham o‘g‘li Yo‘tom boshqarardi.
22. Uzziyoning boshqa ishlari boshdan oxirgacha Omiz o‘g‘li payg‘ambar Ishayo yozib qoldirgan.
23. Uzziyo olamdan o‘tib, shohlar qabristoning bir chetiga dafn qilindi. Biroq teri kasalligiga chalingani uchun uni shohlar xilxonasiga qo‘ymadilar. Uning o‘rniga o‘g‘li Yo‘tom shoh bo‘ldi.
1. Yo‘tom yigirma besh yoshida shoh bo‘lib, Quddusda o‘n olti yil hukmdorlik qildi. Onasining ismi Yerusha bo‘lib, u Zodo‘xning qizi edi.
2. Yo‘tom, otasi Uzziyo kabi, Egamiz oldida to‘g‘ri ishlar qildi. Ammo otasidan farqli ravishda EgamizningMa’badida tutatqi tutatmadi. Xalq esa hamon buzuq odatlarini davom ettirardi.
3. Yo‘tom Egamiz uyining hovlisida Yuqori Darvozani qurdi va Ofel tepaligidagi devor ustida katta ishlarni olib bordi.
4. Bundan tashqari, u Yahudoning qirlarida shaharlar, o‘rmonzorlarda qal’alar va minoralar qurdirdi.
5. U Ommonliklarga qarshi jang qilib, ularni bo‘ysundirdi. Ommonliklar uch yil davomida Yo‘tomga quyidagi miqdordagi o‘lponni to‘lashga majbur bo‘ldilar: 214 pud kumush, 100.000 tog‘ora bug‘doy va 100.000 tog‘ora arpa.
6. Yo‘tom Egasi Xudoga sodiqlik bilan itoat etgani uchun qudratli bo‘lib ketdi.
7. Yo‘tomning boshqa ishlari, qilgan janglari va tutgan yo‘llari “Isroil va Yahudo shohlari tarixi” kitobida yozilgan.
8. U yigirma besh yoshida shoh bo‘lib, Quddusda o‘n olti yil hukmdorlik qildi. Onasining ismi Yerusha bo‘lib, u Zodo‘xning qizi edi.
9. Yo‘tom olamdan o‘tib, Dovud qal’asida dafn qilindi. O‘rniga o‘g‘li Oxoz shoh bo‘ldi.
1. Oxoz yigirma yoshida shoh bo‘lib, Quddusda o‘n olti yil hukmdorlik qildi. U bobosi Dovuddan namuna olmadi, Egamizning oldida to‘g‘ri ishlar qilmay,
2. Isroil shohlarining yo‘lidan ketdi. U hatto Baalga sajda qilish uchun Baalning quyma tasvirlarini yasadi.
3. Xinnum soyligida butlarga atab qurbonliklar kuydirdi. Kan’on yurtidan Egamiz quvgan qavmlarning jirkanch odatlariga taqlid qilib, hatto o‘z o‘g‘illarini olovda kuydirib qurbonlik qildi.
4. Sajdagohlarda, do‘ngliklarda va har qanday yashil daraxt ostida qurbonliklar keltirib, tutatqi tutatardi.
5. Shoh Oxoz gunoh qilgani uchun Egasi Xudo uni Oram shohining qo‘liga berdi. Oram shohi Oxozni mag‘lub qilib, xalqidan juda ko‘pchiligini asir qilib Damashqqa olib ketdi. Bundan tashqari, Egamiz shoh Oxozni Isroil shohi qo‘liga berdi. Isroil shohi Oxoz boshiga katta qirg‘in solib, uni mag‘lub qildi.
6. Bir kunning o‘zida Isroil shohi — Ramaliyo o‘g‘li Pekax Yahudo lashkarining 120.000 bahodir jangchisini o‘ldirdi. Bunga sabab Yahudo xalqi ota– bobolarining Xudosi — Egamizni tark etgani bo‘ldi.
7. Isroil xalqidan bo‘lgan bahodir jangchi Zixri shohning o‘g‘li Masiyoni, saroy boshqaruvchisi Ozrikomni va shohning o‘ng qo‘l vaziri Elqanani o‘ldirdi.
8. Yahudo xalqi ularga qarindosh bo‘lishiga qaramay, Isroil lashkari ulardan 200.000 ayol va o‘g‘il–qizlarini asir qilib, katta o‘lja bilan birga Samariyaga olib ketishdi.
9. Egamizning Odod degan payg‘ambari Samariyada edi. U qaytib kelgan Isroil lashkarini qarshilab chiqib, ularga shunday dedi: “Ota– bobolaringizning Xudosi — Egamiz xalqi Yahudodan g‘azablangani uchun ularni sizning qo‘lingizga topshirdi. Sizlar esa ularni shunchalik qahr ustida qirdingizki, ularning sadosi samolarga yetdi.
10. Shunisi yetmaganday, sizlar Yahudo va Quddus xalqining erkagu ayolini o‘zingizga qul qilmoqchi bo‘ldingiz. O‘zingizga bir qarang, Egangiz Xudo oldida qilgan qilmishlaringizning hammasi turgan bitgani gunoh.
11. Endi gapimni eshiting! Asir qilgan bu qarindoshlaringizni orqaga qaytarib yuboring. Aks holda Egamiz o‘z g‘azabini sizning ustingizga sochadi.”
12. Isroil xalqining ba’zi yo‘lboshchilari ham, chunonchi Yo‘xanon o‘g‘li Ozariyo, Mashillamo‘t o‘g‘li Barxiyo, Shallum o‘g‘li Yoxizqiyo va Hadlay o‘g‘li Emosa, urushdan qaytib kelganlarga o‘z noroziligini bildirib,
13. dedilar: “Asirlarni bu yerga olib kelmanglar! Biz Egamizga qarshi gunoh qilib, Uning qahrini chiqarib bo‘ldik. Sizlar esa shusiz ham ortib yotgan gunohimiz ustiga yana gunoh orttirmoqchisizlar.”
14. Shunda sipohlar Isroil a’yonlari va butun jamoa oldida asirlarni ozod qilib, o‘ljalarni topshirdilar.
15. Yuqorida nomlari aytilgan to‘rtta yo‘lboshchi asirlarning orasidagi yalang‘och bo‘lganlarning hammasiga o‘lja olingan narsalardan ust–bosh, oyoq kiyim berdilar, yedirdilar, ichirdilar, yaralariga moy surtdilar. Keyin zaiflarini eshaklarga mindirib, asirlarning hammasini Yahudoga qarashli palma shahri — Erixoga olib bordilar. So‘ng Samariyaga qaytib keldilar.
16. O‘sha paytda shoh Oxoz Ossuriya shohidan yordam so‘rab, huzuriga odam jo‘natdi,
17. chunki Edomliklar yana Yahudo yurtiga hujum qilib, ko‘p asirlarni olib ketgan edilar.
18. Shu orada Filistlar ham Yahudo qir etaklaridagi hamda Nagav cho‘lidagi shaharlarga hujum qilib, Bayt–Shamash, Oyjavlon va Gadero‘t shaharlarini qo‘lga kiritdilar, shuningdek, So‘xo‘, Timnax va Gimzo shaharlarini va bu shaharlar atrofidagi qishloqlarni qo‘lga olib, o‘sha joylarga o‘rnashib oldilar.
19. Shoh Oxoz Yahudo xalqini gunoh qilishga undab, Egamizga haddan tashqari ko‘p xiyonat qilgani uchun, Yahudo xalqini Egamiz shu qadar tahqirlagan edi.
20. Ossuriya shohi Tilgatpilasar kelib, Oxozga yordam berish o‘rniga zulmni kuchaytirdi.
21. Oxoz Egamizning uyidan, shoh saroyidan va a’yonlarning uyidan qimmatbaho narsalarni olib, Ossuriya shohiga o‘lpon qilib berdi. Biroq bu ham yordam bermadi.
22. Hayotining eng qiyin damlarida ham o‘sha shoh Oxoz Egamizga battar xiyonat qildi.
23. Uni mag‘lub qilgan Oram xalqining xudolariga qurbonliklar keltirdi. U ichida shunday derdi: “Oram shohlarining xudolari ularga yordam berdi, agar men Oram xudolariga qurbonlik keltirsam, ular menga ham yordam berishadi.” Vaholanki, bu xudolar shoh Oxozning va uning qo‘li ostidagi butun xalqning halokatiga sabab bo‘ldi.
24. Oxoz Xudoning uyidagi hamma ashyolarni yig‘ishtirib olib, parchaladi. Xudoning uyi eshiklarini berkitib, Quddusning har burchagida qurbongohlar qurdirdi.
25. Yahudoning hamma shaharlarida begona xudolarga qurbonliklar kuydirish uchun sajdagohlar barpo qilib, ota–bobolarining Xudosi — Egamizni g‘azablantirdi.
26. Oxozning boshqa ishlari va tutgan yo‘llari boshidan oxirigacha “Yahudo va Isroil shohlari tarixi” kitobida yozilgan.
27. Oxoz olamdan o‘tib, Quddusda dafn qilindi. Lekin uni Isroil shohlari xilxonasiga ko‘mmadilar. Uning o‘rniga o‘g‘li Hizqiyo shoh bo‘ldi.
1. Hizqiyo yigirma besh yoshida shoh bo‘ldi. U Quddusda yigirma to‘qqiz yil shohlik qildi. Onasining ismi Abiyo bo‘lib, Zakariyoning qizi edi.
2. Hizqiyo, bobosi Dovud kabi, Egamiz oldida to‘g‘ri ishlar qildi.
3. Hukmronligining birinchi yilida Hizqiyo Egamiz uyining eshiklarini qayta ochdi, ularni tuzattirdi.
4. So‘ng ruhoniylarni va levilarni chaqirtirib, ularni Ma’badning sharqiy hovlisiga to‘pladi.
5. Hizqiyo ularga dedi: “Gapimni eshitinglar, ey levilar! O‘zlaringizni poklanglar, ota–bobolaringiz Xudosi — Egamizning uyini ham poklanglar! Bu muqaddas joydan harom narsalarni chiqarib tashlanglar!
6. Bizning ota–bobolarimiz bevafo edilar. Ular Egamiz Xudo oldida yomon ishlar qilib, Uni tark etdilar. Egamizning makonidan yuzlarini o‘girib, Unga orqalarini burdilar.
7. Ma’bad eshiklarini yopib tashladilar, chiroqlarni o‘chirib qo‘ydilar. Isroil xalqining Xudosiga atab, muqaddas maskanda tutatqi tutatilmaydigan, qurbonliklar kuydirilmaydigan bo‘ldi.
8. Shuning uchun Yahudo va Quddusga Egamiz O‘z qahrini sochdi. Ularning ahvoli hammaning yoqasini ushlatib, dahshatu vahimaga soldi. Siz o‘zingiz ham bundan xabardorsiz.
9. Shuning uchun otalarimiz jangda halok bo‘ldi, xotinu o‘g‘il–qizlarimiz asirlikka olib ketildi.
10. Egamiz bizdan O‘z qahrini qaytarsin deb, men Isroil xalqining Xudosi — Egamiz bilan ahd qilishga qaror etdim.
11. O‘g‘illarim! Endi e’tiborsiz bo‘lmanglar, chunki Egamiz sizlarni Uning huzurida xizmat qilishingiz uchun va qurbonliklar kuydirishingiz uchun tanlab olgan.”
12. Levilardan quyidagilar shu yerda edilar: Qohot naslidan — Emosay o‘g‘li Maxat, Ozariyo o‘g‘li Yo‘el, Marori naslidan — Abdi o‘g‘li Kish va Yoxalil o‘g‘li Ozariyo, Gershon naslidan — Zimmo o‘g‘li Yo‘x, Yo‘x o‘g‘li Eden,
13. Elizofon naslidan — Shimri, Yoval, Osif naslidan — Zakariyo, Mattaniyo,
14. Xaman naslidan — Yoxiyol, Shimax, Yodutun naslidan — Shamayo va Uziyol.
15. Bu levilar qolgan levi birodarlarini to‘plab, hammasi poklandilar. So‘ng shohning farmoni bo‘yicha, Egamizning qonun–qoidalariga rioya qilgan holda Egamizning uyini poklay boshladilar.
16. Ruhoniylar Egamiz uyining ichki xonasini poklash uchun u yerga kirib, Ma’baddagi hamma harom–xarish narsalarni Egamiz uyining hovlisiga olib chiqdilar. Levilar esa bu narsalarni shahar tashqarisiga, Qidron soyligiga olib borib tashladilar.
17. Ruhoniylar bilan levilar ishini birinchi oyning birinchi kuni boshlagan edilar. Sakkiz kun davomida ular Egamiz uyining hovlilarini pokladilar. Keyingi sakkiz kun davomida uyning o‘zini pokladilar. Birinchi oyning o‘n oltinchi kuniga kelib hamma ishlarini tugatdilar.
18. So‘ngra shoh Hizqiyo huzuriga borib, shunday dedilar: “Biz Egamizning butun uyini, qurbonlik kuydiriladigan qurbongohni va qurbongohning hamma ashyolarini, muqaddas nonlar qo‘yiladigan xontaxtani va xontaxtaning hamma ashyolarini pokladik.
19. Shoh Oxoz bevafoligi dastidan chiqarib tashlagan hamma ashyolarni biz tayyorlab, pokladik. Mana, ularning hammasi Egamizning qurbongohi oldida turibdi.”
20. Shoh Hizqiyo ertasi kuni saharda shahar a’yonlarini to‘plab, hammalarini Egamizning uyiga boshlab bordi.
21. Ular shoh xonadonining va Yahudo xalqining gunohini yuvish uchun hamda Ma’badni poklash uchun gunoh qurbonligi qilib yettita buqa, yettita qo‘chqor, yettita qo‘zi va yettita takani olib keldilar. Horun naslidan bo‘lgan ruhoniylarga shoh: “Bularni Egamizning qurbongohida nazr qilinglar!” deb buyurdi.
22. Ruhoniylar buqalarni so‘yib, qonni qurbongohga sepdilar. Keyin qo‘chqorlarni so‘yib, qonini qurbongohga sepdilar. Qo‘zilarni ham so‘yib, qonini qurbongohga sepdilar.
23. So‘ngra gunoh qurbonligi qilinadigan takalarni shoh va jamoa oldiga olib keldilar. Ular qo‘llarini takalar ustiga qo‘ydilar.
24. Ruhoniylar takalarni so‘ydilar, butun xalqni gunohlaridan poklash uchun qonni qurbongohga sepdilar. Negaki, shoh “Kuydiriladigan qurbonliklar va gunoh qurbonliklari jamiki Isroil uchun qilinsin”, deb farmon bergan edi.
25. Hizqiyo shoh Dovudning ko‘rsatmalariga rioya qilib, levilarni Egamizning uyiga joylashtirdi, ularga zang, arfa va liralarni berdi. Bu ko‘rsatmalarni Dovudga Egamiz o‘z payg‘ambarlari Gad va Natan orqali bergan edi. Gad shoh Dovudning xizmatidagi valiy edi.
26. Levilar Dovudning cholg‘u asboblari bilan, ruhoniylar karnaylari bilan o‘z joylarini egalladilar.
27. Shundan keyin Hizqiyo: “Qurbongohda qurbonliklar kuydirilsin!” deb buyurdi. Qurbonliklar kuydirila boshlangan zahoti qo‘shiqchilar Dovudning cholg‘u asboblari va karnaylar jo‘rligida Egamizga hamdu sanolar aytishni boshladilar.
28. Qurbonliklar kuydirilib bo‘lguncha, butun jamoa sajda qilib, qo‘shiqchilar qo‘shiq aytib, karnaychilar karnay chalib turdilar.
29. Qurbonlik tugagach, shoh Hizqiyo va butun xalq tiz cho‘kib, Xudoga sajda qildi.
30. Shoh Hizqiyo bilan a’yonlar levilarga: “Dovud va valiy Osif yozgan sanolarni aytib, Egamizni madh qilinglar!” deb buyurdilar. Levilar sevinch ila sano kuylab, tiz cho‘kib sajda qildilar.
31. Keyin Hizqiyo xalqqa dedi: “Mana, sizlar o‘zingizni Egamizga bag‘ishladingizlar. Endi atagan qurbonligu shukrona nazrlaringizni Egamizning uyiga olib kelinglar.” Jamoa qurbonliklar va shukrona nazrlarini keltirdilar. Ba’zilari esa ko‘ngildan chiqarib kuydiriladigan qurbonlik uchun hayvonlarni ham olib keldilar.
32. Kuydiriladigan qurbonlik uchun 70 buqa, 100 qo‘chqor va 200 qo‘zi keltirildi.
33. Bulardan tashqari, jamoa 600 buqa va 3.000 qo‘yni qurbonlik qilish uchun olib keldi.
34. Ammo ruhoniylar ozchilik bo‘lganlari uchun kuydiriladigan hayvonlarning terisini shilishga ulgura olmayotgan edilar. Shu sababdan qarindoshlari levilar to ish tugaguncha va boshqa ruhoniylar o‘zlarini poklaguncha ularga qarashib turdilar. Levilar ruhoniylarga qaraganda o‘zlarini poklash masalasiga jiddiyroq yondashgan edilar.
35. Kuydiriladigan qurbonliklarning miqdori nihoyatda ko‘p edi, bulardan tashqari, tinchlik qurbonliklarining yog‘lari va kuydiriladigan qurbonliklar bilan birga keltiriladigan sharob nazri ham g‘oyatda mo‘l edi. Shu yo‘sin, Egamiz uyidagi xizmat qayta tiklandi.
36. Egamizning O‘z xalqiga qilgan bu ishidan Hizqiyo va butun jamoa sevindi. Bularning hammasi qisqa vaqtda sodir bo‘lgan edi.
1. Hizqiyo butun Isroil va Yahudo xalqiga xabar jo‘natdi, Efrayim hamda Manashe qabilalariga ham maktub yozib, ularni Isroil xalqining Xudosi — Egamizga atab Fisih ziyofatini nishonlash uchun Egamizning Quddusdagi uyiga taklif qildi.
2. Shoh, a’yonlar hamda Quddusdagi jamoa Fisih ziyofatini ikkinchi oyda nishonlashga qaror qilgan edilar.
3. Ular Fisih ziyofatini o‘z vaqtida — birinchi oyda nishonlay olmagan edilar. Bunga sabab poklangan ruhoniylarning soni yetarli bo‘lmagani va odamlarning ko‘pchiligi Quddusga yig‘ilmagani bo‘ldi.
4. Fisih ziyofati to‘g‘risidagi bu qaror shohga ham, jamoaga ham to‘g‘riday tuyuldi.
5. Ular janubdagi Bershevadan tortib to shimoldagi Dan shahrigacha bo‘lgan Isroil hududlarida istiqomat qilgan hammani Isroil xalqining Xudosi — Egamizga atab Fisih ziyofatini nishonlash uchun Quddusga taklif qildilar. Negaki bu ziyofat ancha vaqtdan beri, qonunda ko‘rsatilganday butun xalq tomonidan nishonlanmagan edi.
6. Choparlar shoh va uning a’yonlari nomidan yozilgan maktubni butun Isroil va Yahudo xalqlariga yetkazdilar. Maktubda quyidagilar bitilgan edi: “Ey Ossuriya bosqinchiligidan omon qolgan Isroil xalqi! Ibrohimning, Is’hoqning va Yoqubning Xudosi — Egamizga qaytinglar, shunda U ham sizga qaytadi.
7. Egasi Xudoga xiyonat qilgan ota– bobolaringizga va Isroillik qarindoshlaringizga o‘xshamanglar. O‘zingiz ko‘rib turganingizday Xudo ularni qattiq jazoladi.
8. Ota–bobolaringiz singari qaysar bo‘lmanglar, Egamizga bo‘ysuninglar, Uning Ma’badiga kelinglar. Egamiz Ma’badni abadiy muqaddas qilgan. Egangiz Xudoga sajda qilinglar, ana shunda u g‘azabidan tushadi.
9. Agar Egamizga qaytsangiz qarindoshu bola–chaqalaringizni asir qilgan bosqinchilar ularga rahm qiladilar, uylariga qaytib kelishlariga yo‘l qo‘yadilar. Zotan Egangiz Xudo inoyatli va rahmdildir, Unga qaytsangiz U sizdan yuzini o‘girmaydi.”
10. Shunday qilib, choparlar to shimoldagi Zabulun hududigacha bo‘lgan Efrayim va Manashe hududlaridagi hamma shaharlarga kirib chiqdilar. Lekin odamlar ularning ustidan zaharxandalik bilan kulib, masxara qildilar.
11. Faqat Osher, Manashe va Zabulun qabilasidan ba’zilari itoat etib, Quddusga keldilar.
12. Yahudo xalqini esa Xudo birlashtirib, ularga shoh va a’yonlarning ko‘rsatmasini bajarishga xohish bergan edi. Bu ko‘rsatma Xudoning amriga asoslangan edi.
13. Ikkinchi oyda Xamirturushsiz non bayramini nishonlash uchun juda ko‘p xalq Quddusga yig‘ildi.
14. Ular Quddusdagi hamma begona qurbongohlarni va hamma tutatqi qurbongohlarini qo‘porib, Qidron soyligiga uloqtirib tashladilar.
15. Ikkinchi oyning o‘n to‘rtinchi kuni esa Fisih qo‘zilarini so‘ydilar. O‘zlarini poklamagan ruhoniylar va levilar uyatli ahvolda qolganidan poklanish marosimini ado etib, kuydiriladigan qurbonliklariniEgamizning uyiga olib keldilar.
16. So‘ng ular Xudoning odami Musoning qonuniga muvofiq Ma’badda o‘z joylarini egalladilar. Ruhoniylar levilarning qo‘lidan qurbonlik qonini olib, qurbongohga sepdilar.
17. Xalqdan ko‘pchiligi o‘zlarini poklamagani uchun, Fisih qo‘zisini qurbon qila olmadilar. Bunday odamlarning Fisih qo‘zisini so‘yish va Egamizga atash vazifasini levilarning o‘zlari bajardilar.
18. Efrayim, Manashe, Issaxor va Zabulun qabilasidan kelganlarning aksariyati o‘zlarini poklamagan bo‘lsalarda, Xudoning qonuniga zid ravishda Fisih taomidan tanovul qildilar. Lekin Hizqiyo ular uchun quyidagicha ibodat qildi: “Ey Egam, muruvvating ila bu bandalaringni kechir.
19. Ular poklanish marosimini ado etmagan bo‘lsalarda, ota– bobolarining Xudosi — Egamizga chin yurakdan sajda qilishga qaror etganlar.”
20. Hizqiyoning ibodatini Egamiz eshitib, xalqni kechirdi, ularga zarar yetkazmadi.
21. Quddusda to‘plangan xalq katta xursandchilik bilan yetti kun Xamirturushsiz non bayramini nishonladi. Levilar va ruhoniylar har kuni sozlarning baland kuylari jo‘rligida Egamizni madh qildilar.
22. Hizqiyo Egamizga xizmat qilishda mohirlik ko‘rsatgan hamma levilarni ruhlantirdi. Xullas, xalq tinchlik nazrlarini qurbon qildi, ota– bobolarining Xudosi — Egamizga shukronalar aytib, yetti kun bayram taomini tanovul qildi.
23. Butun jamoa bayramni yana yetti kun nishonlashga qaror qildi. Shunday qilib, ular yana yetti kun xursandchilik bilan bayram qildilar.
24. Yahudo shohi Hizqiyo jamoaga qurbonlik qilish uchun 1.000 ta buqa va 7.000 ta qo‘y berdi. Shoh a’yonlari esa 1.000 ta buqa va 10.000 ta qo‘y berdilar. Juda ko‘p ruhoniylar o‘zlarini pokladilar.
25. Yahudo xalqi, ruhoniylar, levilar, Isroil xalqi, Isroil va Yahudoda istiqomat qilayotgan musofirlar o‘zlarida yo‘q xursand edilar.
26. Quddusda katta xursandchilik hukm surardi. Isroil shohi Dovud o‘g‘li Sulaymon zamonidan beri Quddusda bunday voqea yuz bermagan edi.
27. So‘ngra ruhoniylar va levilar turib, xalqni duo qildilar. Ularning ibodati Xudoning samodagi muqaddas makoniga yetib, ijobat bo‘ldi.
1. Bayram tugagandan keyin, o‘sha yerdagi butun xaloyiq Yahudo, Benyamin, Efrayim va Manashe hududidagi shaharlarga borib, butsimon toshlarni parchalab tashladilar, Asheraning ustunlarini kesdilar, cajdagohlar va qurbongohlarni vayron qildilar. Bittasini ham qoldirmadilar. Shundan keyin hammasi o‘z shaharlariga, o‘zlarining mulkiga qaytdilar.
2. Hizqiyo ruhoniylarni va levilarni guruhlarga bo‘ldi. Har bir guruhga quyidagi vazifalarini taqsimlab berdi: EgamizningMa’badi hovlisida quydiriladigan qurbonliklarni va tinchlik qurbonliklarini nazr qilish, u yerda xizmat qilib, hamdu sano va madhiyalar aytish.
3. Egamizning qonuniga ko‘ra, har kuni ertalab va kechqurun, Shabbat kunlari, yangi oy shodiyonalari va tayinlangan bayram kunlari kuydiriladigan qurbonliklar keltirilishi lozim edi. Shoh Hizqiyo o‘zining shaxsiy mulkidan bu qurbonliklar uchun hayvonlarni berdi.
4. U Quddusda yashagan xalqqa: “Ruhoniylar va levilarga tegishli ulushni beringlar, toki ular o‘zlarini to‘liq Egamizning qonunlarini bajarishga bag‘ishlasinlar”, deb farmon berdi.
5. Farmon berilgach, xalq bug‘doyning, sharob, zaytun moyi, asal va dalada yetishitirilgan donlarning birinchi hosilidan mo‘l qilib, olib keldilar. Ular olib kelgan hamma narsaning ushri nihoyatda mo‘l edi.
6. Yahudo shaharlarida yashagan Isroil va Yahudo xalqi mol–qo‘ylarining ushrini hamda Egasi Xudoga atab bag‘ishlangan in’omlarning ushrini olib kelib, uyum–uyum qildilar.
7. Xalq in’omlar olib kelishni uchinchi oyda boshlab, yettinchi oyda tugatdi.
8. Hizqiyo va uning a’yonlari kelib uyum–uyum in’omlarni ko‘rishgach, Egamizga hamdu sano aytib, Isroil xalqini duo qilishdi.
9. Hizqiyo ruhoniylar va levilardan bu in’omlar haqida so‘raganda,
10. Zodo‘x xonadonidan bo‘lgan oliy ruhoniy Ozariyo Hizqiyoga shunday javob berdi: “Xalq in’omlarni Egamizning uyiga olib kela boshlaganidan beri, yetarlicha ozuqamiz bor. Juda ko‘p ortib qolgani ham bor. Ha, Egamiz O‘z xalqiga baraka berdi, ortganning ko‘pligini bir ko‘rib qo‘ying.”
11. Shunda Hizqiyoning buyrug‘i bilan Egamiz uyining hovlisida omborxonalar qurildi.
12. Bu omborxonalarga hamma hadyalar, ushrlar va bag‘ishlangan in’omlar qo‘yildi. Bularga nazoratchi qilib levi Xonaniyo, uning yordamchisi qilib ukasi Shimax tayinlandi.
13. Ularning qo‘li ostida quyidagi o‘nta levi ishlaydigan bo‘ldi: Yoxiyol, Ozaziyo, Naxat, Osoyil, Yarimo‘t, Yo‘zabad, Eliel, Yismaxiyo, Maxat va Binayo. Bularning hammasi shoh Hizqiyo va oliy ruhoniy Ozariyo tomonidan tayinlangan edilar.
14. Ma’badning sharqiy darvozasi darvozaboni Kori Xudoga ko‘ngildan qilingan nazrlar uchun mas’ul edi. Kori levi Yimnaxning o‘g‘li edi. Uning vazifasi Egamizga atalgan in’omlarni va eng muqaddas nazrlarni ruhoniylar va levilarga bo‘lib berish edi.
15. Uning sodiq yordamchilari Eden, Minyomin, Yeshuva, Shamayo, Emoriyo va Shaxaniyo edilar. Ular ruhoniylarga qarashli shaharlarda xizmat qilib, u yerdagi ruhoniylarning oilalariga guruhlari bo‘yicha ulush taqsimlab berishar edi. Yoshu qariga bir xil ulush ajratishardi:
16. Egamizning uyidagi xizmatni guruhlari bo‘yicha bajaradigan hamma erkaklarga, shuningdek, nasabnomada nomlari qayd etilgan uch va undan yuqori yoshdagi o‘g‘il bolalarga ulush berishardi.
17. Ular xonadonlari bo‘yicha ro‘yxatga olingan ruhoniylarga, shuningdek yigirma va undan yuqori yoshdagi levilarga ulush ajratishardi. Levilarning ro‘yxati bajaradigan vazifalari va guruhlari asosida tuzilgan edi.
18. Nasabnomada nomilari qayd etilgan hamma erkaklarning oilalariga — chaqaloq, xotin, o‘g‘il–qizlariga ham ulush berilardi. Zotan ular o‘zlarini sadoqat bilan poklar edilar.
19. Shaharlarning chetlarida istiqomat qilgan, Horun naslidan bo‘lgan ruhoniylarga kelsak, ularga ham ulush tarqatadigan odamlar tayinlangan edi. Bu odamlar ruhoniy urug‘idan bo‘lgan har bir erkak zotiga va ro‘yxatga olingan har bir leviga ulush berishar edi.
20. Shu yo‘sin, Hizqiyo butun Yahudo bo‘ylab ulush tarqatish vazifasini uddaladi. U Egasi Xudo oldida yaxshi, to‘g‘ri va halol ishlar qildi.
21. Ma’bad xizmatiga, Xudoning qonunlari va amrlariga oid qilgan har bir ishini Xudoga intilgan holda, chin yurakdan qilgani uchun, ko‘p muvaffaqiyatga erishdi.
1. Shoh Hizqiyo sadoqat bilan bajargan bu ishlaridan keyin, Ossuriya shohi Sanxariv Yahudoga bostirib keldi. U mustahkam shaharlarni egallab olish maqsadida ularni qamal qildi.
2. Sanxariv Quddusga jang qilmoqchi bo‘lganini Hizqiyo ko‘rgach,
3. lashkarboshilari va jangchilariga maslahat soldi. Ular shahar tashqarisidagi buloqlar oqimini to‘xtatishga qaror qildilar.
4. Ko‘p sonli xaloyq to‘planib: “Nimaga endi Ossuriya shohlari kelib, mo‘l–ko‘l suvga ega bo‘lar ekan”, deya hamma buloqlarni va hududdan oqib o‘tgan irmoqni to‘xtatishdi.
5. Hizqiyo qat’iyat bilan ishga kirishib, buzilgan devorni qurdirdi, devor ustiga minora o‘rnatdi. Shahar devorining tashqarisidan yana bir devor ko‘tartirdi. Shuningdek, Dovud qal’asining sharqidagi to‘ldirilgan pastlik ustidagi istehkomlarni tuzattirdi, ko‘plab qurol–aslaha va qalqonlar yasattirdi.
6. Shahardagi hamma erkaklar ustidan lashkarboshilar tayinlab, ularni shahar darvozasi oldidagi maydonga to‘pladi. Hammalariga dalda berib, shunday dedi:
7. “Dadil va botir bo‘linglar, qo‘rqmanglar. Ossuriya shohi va uning to‘dalari oldida vahimaga tushmanglar, chunki buyuk kuch biz tomonda, ular tomonda emas.
8. Ular tomonda insoniy qudrat bo‘lsa, biz tomonda Egamiz Xudodir. U bizga yordam beradi, biz uchun jang qiladi.” Yahudo shohi Hizqiyoning so‘zlaridan xalq ruhlanib ketdi.
9. Ossuriya shohi Sanxariv jamiki lashkari bilan Laxish shahrini qamal qilgan paytda, o‘z a’yonlarini Quddusga — Yahudo shohi Hizqiyo va Quddus aholisi oldiga quyidagi xabar bilan jo‘natdi:
10. “Ossuriya shohi Sanxariv shunday demoqda: — Sizlar o‘zi nimangizga ishonyapsizlar, qamalda qolgan Quddusda hanuz o‘tiribsizlar?
11. Ossuriya shohi qo‘lidan Egamiz Xudo bizni qutqaradi, deb Hizqiyo sizlarni aldamasin. U sizlarni ochligu tashnalikdan halok qilmoqchi!
12. Egangizning sajdagohlarini va qurbongohlarini yo‘q qilgan Hizqiyoning o‘zi emasmi?! U Yahudo xalqi va Quddusliklarga: “Faqat bitta qurbongoh oldida sajda qilinglar, yolg‘iz o‘shaning ustida qurbonliklar keltiringlar”, deb aytgan.
13. Nahotki men va otalarim boshqa yurtlarning xalqlariga nimalar qilganini bilmasangiz?! O‘sha xalqlarning xudolari qani?! Birortasi o‘z yurtini mening qo‘limdan qutqara oldimi?!
14. Mening ota– bobolarim yer yuzidan supurib tashlagan qaysi bir xalqning xudosi o‘z yurtini mening qo‘limdan qutqara olibdiki, Xudoyingiz sizni qutqara olsa?!
15. Endi Hizqiyoning aldovlariga uchmanglar, u sizlarni yo‘ldan urmasin. Unga ishonmanglar, biror xalqning yoki shohlikning xudosi o‘z xalqini mening qo‘limdan yoki otalarimning qo‘lidan qutqara olmagan. Xudoyingiz kim bo‘libdiki, sizlarni mening qo‘limdan qutqara olsa.”
16. Sanxarivning a’yonlari gapida davom etib, Parvardigor Egamiz va Uning quli Hizqiyoni haqoratladilar.
17. Shoh Sanxariv yozgan maktubida ham Isroil xalqining Xudosi — Egamizni tahqirlab, Uni shunday so‘zlar bilan masxara qilgan edi: “Boshqa yurtlarning xudolari o‘z xalqlarini mening qo‘limdan qutqara olmagani singari Hizqiyoning xudosi ham o‘z xalqini mening qo‘limdan qutqara olmaydi.”
18. A’yonlar bu gaplarini ibroniy tilida devor ustida turgan Quddus xalqiga baqirib aytdilar. Ular Quddusni qo‘lga kiritish niyatida aholini vahimaga solib, qo‘rqitib qo‘ymoqchi edilar.
19. Quddus Xudosini boshqa xalqlarning xudolari qatorida ko‘rdilar, U to‘g‘risida xuddi inson qo‘li bilan yaratilgan butlar haqida gapirganday gapirdilar.
20. Shoh Hizqiyo va Omiz o‘g‘li Ishayo payg‘ambar Xudoga iltijo qilib yordam so‘radilar.
21. Egamiz farishtasini jo‘natgan edi, farishta Ossuriya shohi qarorgohidagi hamma bahodir jangchilarni, lashkarboshilarni va a’yonlarni qirib tashladi. Sanxariv sharmandalarcha o‘z yurtiga qaytib ketdi. U o‘z xudosining uyiga kirganda, o‘g‘illarining ba’zilari unga qilich urib o‘ldirdilar.
22. Shunday qilib, Egamiz shoh Hizqiyoni va Quddus aholisini Ossuriya shohi Sanxarivning qo‘lidan va butun g‘animlari qo‘lidan qutqardi. Hizqiyoga Egamiz har tarafdan osoyishtalik ato qildi.
23. Ko‘p odamlar Quddusga kelib, Egamizga nazrlar, Yahudo shohi Hizqiyoga qimmatbaho tortiqlar olib keldilar. O‘sha paytdan boshlab hamma xalqlar Hizqiyoni yuksak darajada hurmat qiladigan bo‘ldilar.
24. O‘sha kunlarda Hizqiyo tuzalmas xastalikka yo‘liqib, o‘lim to‘shagiga yotib qoldi. U Egamizga ibodat qilgan edi, Egamiz unga javob berib, xastaligidan tuzalishini tasdiqlaydigan bir alomat ko‘rsatdi.
25. Ammo Hizqiyo noshukurchilik qilib, o‘zini mag‘rur tutgani uchun o‘z boshiga hamda Yahudo va Quddus ustiga Egamizning g‘azabini keltirdi.
26. Nihoyat, Hizqiyo va Quddus aholisi yuragidagi mag‘rurlikni tashladi. Shu sababdan Egamiz shoh Hizqiyo davrida xalqqa g‘azabini sochmadi.
27. Hizqiyo boy–badavlat bo‘lib, yuksak obro‘ga erishdi. U o‘zining kumushlari, oltin, qimmatbaho toshlari, ziravorlari, qalqonlari va hamma qimmatli buyumlari uchun xazinalar qurdirdi.
28. Bug‘doy, sharob va zaytunmoylari uchun omborxonalar, barcha turdagi mollari uchun og‘ilxonalar, qo‘ylari uchun qo‘tonlar qurdirdi.
29. Ko‘plab shaharlar bunyod etib, poda va suruvlarini ko‘paytirdi, chunki Xudo unga behad boylik bergan edi.
30. Hizqiyo Gixo‘n bulog‘ining yuqori qismini berkitib, qazdirgan quvur orqali suvni Quddus ichiga olib kirdi. U hamma ishlarida muvaffaqiyatga erishdi.
31. Biroq Bobil shahzodalari Yahudo yurtida yuz bergan mo‘jizali alomat to‘g‘risida so‘rash uchun o‘z elchilarini Hizqiyo huzuriga jo‘natganlarida, Xudo Hizqiyoni o‘z holiga qo‘yib qo‘ygandi. Xudo Hizqiyoni sinab, uning dilidagi asl niyatlarini bilmoqchi edi.
32. Hizqiyoning boshqa ishlari, qilgan yaxshiliklari Yahudo va Isroil shohlari kitobidagi Omiz o‘g‘li Ishayo payg‘ambarning vahiysida yozilgan.
33. Hizqiyo olamdan o‘tib, Dovud nasli xilxonasining to‘riga dafn qilindi. Hizqiyo vafot etganda, butun Yahudo xalqi va Quddus aholisi unga izzat–hurmat ko‘rsatdi. Uning o‘rniga o‘g‘li Manashe shoh bo‘ldi.
1. Manashe o‘n ikki yoshida shoh bo‘lib, Quddusda ellik besh yil hukmdorlik qildi.
2. U Egamiz oldida qabih ishlar qildi. Egamiz O‘z xalqi Isroilning oldidan quvib yuborgan xalqlarning jirkanch odatlariga ergashdi.
3. Otasi Hizqiyo buzib tashlagan sajdagohlarni qaytadan barpo etdi, Baalga atab qurbongohlar qurdi, Asheraga atab ustunlar o‘rnatdi. Barcha samoviy jismlarga sajda qilib xizmat etdi.
4. Manashe Egamizning ulug‘lanishi kerak bo‘lgan uyida begona xudolarga atab, qurbongohlar qurdi.
5. Egamiz uyining ikkala hovlisida ham jamiki samoviy jismlarga sajda qilish uchun qurbongohlar barpo qildirdi.
6. O‘g‘lini Xinnum soyligida olovda kuydirib qurbonlik qildi, follar ochtirdi, ta’birchilarga e’tiqod qildi, sehr– jodu bilan shug‘ullandi, arvoh chaqiruvchilarga maslahat soldi. Egamiz oldida ko‘p qabih ishlar qilib, Uni g‘azablantirdi.
7. O‘zi yasattirgan butni Xudoning uyiga o‘rnatdi. Xudo bu uy to‘g‘risida Dovud bilan uning o‘g‘li Sulaymonga shunday degan edi: “Men bu uyni va Quddusni Isroil qavmlari yashaydigan maskanlar orasidan tanlab olganman. Men to abad o‘sha yerda ulug‘lanaman.
8. Ular amrlarimni bitta qoldirmay bajarsalar, qulim Muso orqali bergan qonun–qoida va talablarimga rioya qilsalar, Isroil xalqining ota–bobolariga Men belgilagan yerdan haydalishlariga yo‘l qo‘ymayman.”
9. Manashe Yahudo xalqini va Quddus ahlini shu qadar yo‘ldan ozdirdiki, ular Kan’on yurtidan Egamiz yo‘qotib yuborgan xalqlardan ham ko‘ra, ko‘proq qabih ishlar qildilar.
10. Egamiz shoh Manasheni va uning xalqini ogohlantirdi, lekin ular quloq solmadilar.
11. Shuning uchun Egamiz ularga qarshi Ossuriya lashkarboshilarini jo‘natdi. Ular Manasheni asirga oldilar, burnidan halqa o‘tqazib, uni zanjirband qildilar va Bobilga olib keldilar.
12. U kulfatda qolgach, Egasi Xudodan shafqat so‘rab iltijo qildi, ota–bobolarining Xudosiga bo‘yin egdi.
13. Iltijo qilganda, Xudo Manashening iltijosini qabul qildi, uni yana Quddusga — o‘z shohligiga qaytardi. Shunda Manashe, Egamiz haqiqatan ham Xudo ekanligini bildi.
14. Shundan keyin Manashe Dovud qal’asining sharq tomonidagi tashqi devorini tuzatib, uni baland qilib ko‘tartirdi. Bu devor Qidron soyligidagi Gixo‘n bo‘log‘idan to shimoldagi Baliq darvozasigacha va shaharning Ofel degan qismigacha cho‘zilgan edi. Manashe Yahudoning hamma mustahkam shaharlariga lashkarboshilar tayinladi.
15. Egamizning uyidan begona xudolarning tasvirlarini va o‘zi o‘rnatgan butni olib tashladi, Egamizning uyi turgan tog‘da va Quddusning boshqa joylarida o‘zi qurdirgan qurbongohlarni buzdirib, shahar tashqarisiga chiqartirdi.
16. So‘ng Egamizning qurbongohini qaytadan qurdirib, qurbongoh ustida tinchlik qurbonliklari va shukrona qurbonliklarini atadi. Yahudo xalqiga: “Isroil xalqining Xudosi — Egamizga sajda qilinglar”, deb farmon berdi.
17. Xalq boshqa sajdagohlarda qurbonlik qilishda davom etdi. Ammo qilgan barcha qurbonliklarini ular Egasi Xudoga atar edilar.
18. Manashening boshqa ishlari, Xudoga qilgan ibodati, Isroil xalqining Xudosi — Egamiz nomidan valiylar unga bergan xabarlar “Isroil shohlari tarixi” kitobida yozilgan.
19. Uning iltijosi va Xudoning bergan javobi, tavba qilmasdan oldin qilgan hamma gunohlari va Xudoga qilgan xiyonati, qurdirgan sajdagohlar, Asheraning ustunlari va sig‘ingan butlar to‘g‘risida valiylar kitobida yozilgan.
20. Manashe olamdan o‘tib, o‘z uyida dafn qilindi. O‘rniga o‘g‘li Omon shoh bo‘ldi.
21. Omon shoh bo‘lganda, yigirma ikki yoshda edi. U Quddusda ikki yil hukmdorlik qildi.
22. Omon ham, otasi Manashe kabi, Egamiz oldida qabih ishlar qildi. Otasi Manashe yasattirgan hamma butlarga qurbonlik qilib, xizmat etdi.
23. Otasi Manashe Egamizga bo‘yin eggan bo‘lsa, Omon Egamizga bo‘yin egmadi, otasidan ham ko‘proq gunoh orttirdi.
24. Omonning a’yonlari fitna uyushtirib, uni o‘z saroyida o‘ldirdilar.
25. Yahudo xalqi o‘z shohi Omonga fitna uyushtirganlarning hammasini o‘ldirib, o‘rniga o‘g‘li Yo‘shiyoni shoh qilib ko‘tardilar.
1. Yo‘shiyo sakkiz yoshida shoh bo‘lib, Quddusda o‘ttiz bir yil hukmdorlik qildi.
2. U Egamiz oldida to‘g‘ri ishlar qildi. O‘ngga ham, chapga ham og‘masdan, bobosi Dovudning yo‘lidan yurdi.
3. Hukmronligining sakkizinchi yilida, yoshligidan bobosi Dovudning Xudosiga intila boshladi. Hukmronligining o‘n ikkinchi yilida esa Yahudo va Quddusni sajdagohlardan, Asheraning ustunlaridan, o‘yma va quyma butlardan tozalay boshladi.
4. Uning ko‘rsatmasi bilan Baalning qurbongohlari buzdirildi, bu qurbongohlarning yonidagi tutatqi qurbongohlari ham sindirib tashlandi. Asheraning ustunlari, shuningdek, o‘yma va quyma butlar parchalanib, bo‘laklari o‘sha butlarga qurbonlik qilganlarning qabrlari ustiga sochib tashlandi.
5. Yo‘shiyo butparast ruhoniylarning suyaklarini o‘zlari sajda qilgan qurbongohlar ustida yoqdi. Shunday qilib, u Yahudo va Quddusni pokladi.
6. Shimoldagi Naftali hududigacha bo‘lgan Manashe, Efrayim va Shimo‘n shaharlaridagi va bularning atrofidagi vayronalardagi
7. qurbongohlarni sindirdi, Asheraga atalgan ustunlarni kesdi, butlarni parchalab tashladi. Isroil yurti bo‘ylab hamma tutatqi qurbongohlarini buzdi. Shundan keyin Quddusga qaytib ketdi.
8. Yo‘shiyo yurtni va Egamizning uyini poklagandan keyin, hukmronligining o‘n sakkizinchi yilida Ozaliyo o‘g‘li Shofonni, Quddus hokimi Masiyoni va mushovir Yo‘xoz o‘g‘li Yo‘xni Egasi Xudoning uyini tuzatishga yubordi.
9. Ular oliy ruhoniy Xilqiyoning oldiga kelib, Xudoning uyiga keltirilgan kumushni unga topshirdilar. Levi darvozabonlari bu kumushni Manashe, Efrayim va Isroil xalqining omon qolganlaridan, shuningdek, Yahudo, Benyamin qabilalaridan va Quddus aholisidan to‘plab olgan edilar.
10. Ular kumushni Egamizning uyida mehnat qilayotgan ishboshilarga topshirdilar. Ishboshilar esa kumushni olib, Egamizning uyidagi buzilgan joylarni tuzatib ta’mir etayotganlarga to‘ladilar.
11. Qolganini esa duradgor va binokorlarga berdilar. Ular bu kumushga Yahudo shohlari qarovsiz qoldirgan xarob binolarni tuzatish uchun tosh va yog‘ochlarni sotib oldilar.
12. Ishchilar sidqidildan mehnat qildilar. Ularga nazoratchi qilib Marori naslidan levilar Yaxat va Obodiyo tayinlandi, Qohot urug‘idan esa levilar Zakariyo va Mashullom tayinlandi. Musiqa asboblarini chaladigan hamma levilar
13. yuk tashuvchilarga hamda turli xizmatdagi ishchilarga mas’ul edilar. Levilarning ba’zilari esa kotib, ma’mur va darvozabon edilar.
14. Egamizning uyidagi kumush olib chiqilayotganda, ruhoniy Xilqiyo Egamizning Muso orqali bergan Tavrot kitobini topib oldi.
15. U kotib Shofonga: — Egamizning uyidan Tavrot kitobi topib oldim, — deb kitobni Shofonga berdi.
16. -
17. Shofon esa kitobni shohga olib borib: “Qullaringiz topshirilgan hamma ishlarni bajaryaptilar. Egamizning uyidagi kumushlar o‘sha yerdagi ishboshilarga va ishchilarga berildi, — deya hisobot bergach,
18. — Ruhoniy Xilqiyo mana bu kitobni menga berdi”, deb qo‘shimcha qildi, so‘ng Tavrot kitobini shohga ovoz chiqarib o‘qib berdi.
19. Shoh Tavrot so‘zlarini eshitgach, vahimaga tushganidan kiyimlarini yirtdi.
20. Keyin ruhoniy Xilqiyoga, Shofon o‘g‘li Oxixamga, Mixo o‘g‘li Abdo‘nga, kotib Shofonga va o‘zining mulozimi Osoyohga shunday farmon berdi:
21. — Boringlar, topilgan bu kitobdagi so‘zlarga muvofiq, men to‘g‘rimda ham, Isroil va Yahudo xalqlarining omon qolganlari to‘g‘risida ham Egamizning xohish–irodasini so‘ranglar. Otalarimiz bu kitobdagi so‘zlarga quloq solmaganlari uchun, yozilganlarga rioya qilmaganlari uchun, Egamizning dahshatli g‘azabi bizning ustimizga yog‘ildi.
22. Ruhoniy Xilqiyo va shoh jo‘natgan odamlar payg‘ambar Xulda huzuriga borib, unga maslahat soldilar. Xulda Egamizning uyidagi muqaddas liboslar posboni Shallunning xotini edi. Shallun Toqqatning o‘g‘li, Xasraning nabirasi edi. Xulda Quddusning yangi dahasida yashardi.
23. Xulda ularga shunday dedi: “Isroil xalqining Xudosi — Egamiz demoqda: — Sizlarni Mening huzurimga yuborgan odamga shu gaplarimni aytinglar:
24. “Men bu yurtga ham, bu yurtda yashayotgan xalqqa ham falokat keltiraman. Yahudo shohi huzurida o‘qilgan kitobdagi hamma la’natlarni yog‘diraman.
25. Ular Mendan yuz o‘girganlari uchun, boshqa xudolarga qurbonliklar keltirib, o‘z qo‘llari bilan yasagan butlar tufayli qahrimni keltirganlari uchun, bu yurtga g‘azabim yog‘iladi va aslo bosilmaydi.”
26. Egamizning xohish–irodasini bilish uchun sizlarni yuborgan Yahudo shohiga shu xabarni beringlar: Isroil xalqining Xudosi — Egamiz eshitgan so‘zlaring to‘g‘risida shuni aytmoqda:
27. — Sen bu yurtga va yurtning xalqiga qarshi aytgan so‘zlarimni eshitganingdan keyin, yuraging yumshadi, Menga bo‘yin egding. Sen Menga bo‘yin egganing uchun, liboslaringni yirtib, huzurimda yig‘laganing uchun Men iltijolaringni eshitdim.
28. Shunga ko‘ra, sen ota–bobolaring yoniga xotirjam ketasan, o‘z qabringga dafn etilasan. Bu yurtga va uning ahliga Men keltiradigan jamiki falokatlarni sen ko‘rmaysan.” Xilqiyo va uning hamrohlari bu xabarni shohga yetkazdilar.
29. Shoh Yo‘shiyo xabar berib, Yahudo va Quddusning hamma oqsoqollarini o‘z huzuriga to‘pladi.
30. Jamiki Yahudo xalqi va Quddus aholisi, ruhoniylar, levilar, zodagonlaru avom xalq shoh boshchiligida Egamizning uyiga bordi. Shoh Egamizning uyidan topilgan Ahd kitobini boshidan oxirigacha ularning oldida o‘qidi.
31. U Egamizning uyi eshigi oldidagi o‘z joyida turib: “Egamiz ko‘rsatgan yo‘ldan yuraman, amrlariga itoat etaman. Shartlariga, farmonlariga butun qalbim bilan, jonu dilim bilan quloq solaman. Bu kitobda yozilgan ahd so‘zlarini ado etaman”, deb Egamiz bilan qayta ahd qildi.
32. So‘ngra u Benyamin qabilasiga va Quddusdagi hamma odamlarga bu ahdga rioya qilish to‘g‘risida farmon berdi. O‘sha kundan boshlab Quddus aholisi ota–bobolarining Xudosi bilan qilgan ahd talablarini bajara boshladilar.
33. Yo‘shiyo Isroil xalqiga qarashli hamma hududlardan makruh butlarni yo‘qotdi. Isroil xalqining hammasini Egasi Xudoga sajda qildirdi. Uning davrida xalq ota–bobolarining Xudosi — Egamizdan yuz o‘girmay, Unga xizmat qildi.
1. Shoh Yo‘shiyo Quddusda Egamizning sharafiga Fisih ziyofatini nishonladi. Birinchi oyning o‘n to‘rtinchi kuni Fisih qo‘zilari qurbonlik qilindi.
2. Yo‘shiyo ruhoniylarni xizmatga tayinlab, Egamizning uyidagi xizmatga ularni rag‘batlantirdi.
3. So‘ng Egamizga bag‘ishlangan va xalqqa ta’lim bergan levilarga dedi: “MuqaddassandiqniIsroil shohi Dovud o‘g‘li Sulaymon qurgan Egamizning uyiga olib kiringlar. Sandiqni bundan buyon yelkangizda ko‘tarib yurishingizning ehtiyoji yo‘q. Endi Egangiz Xudoga va Uning xalqi Isroilga xizmat qilinglar.
4. Shoh Dovudning va o‘g‘li Sulaymonning yozgan ko‘rsatmalariga muvofiq, xonadoningiz va guruhlaringiz bo‘yicha xizmatga tayyorlaninglar.
5. Muqaddas maskanga shunday tartibda joylashinglarki, toki Isroil xalqining birorta xonadoni e’tiboringizdan chetda qolib ketmasin.
6. Fisih qo‘zisini so‘yib, o‘zingizni poklanglar. So‘ng yurtdoshlaringiz uchun Fisih qo‘zilarini tayyorlab beringlar. Xullas, Egamizning Muso orqali bergan ko‘rsatmalariga rioya qilinglar.”
7. Shoh Yo‘shiyo bu yerda hozir bo‘lgan xalqqa Fisih qurbonliklari uchun 30.000 ta qo‘zi va uloqchani, 3.000 ta buqani berdi. Bularning hammasi shohning shaxsiy mulkidan edi.
8. Shohning a’yonlari ham xalqqa, ruhoniy va levilarga qurbonliklar uchun ko‘ngildan chiqarib hayvonlarni berdilar. Xudoning uyida xizmat qiluvchilarning boshliqlari Xilqiyo, Zakariyo va Yoxiyol ruhoniylarga Fisih qurbonliklari uchun 2.600 ta qo‘zi bilan uloqcha va 300 ta buqa berdilar.
9. Xonaniyo, uning ukalari Shamayo va Natanil, levilarning yo‘lboshchilari Xashaviyo, Yaviyol va Yo‘zabad Fisih qurbonliklari uchun levilarga 5.000 ta qo‘zi bilan uloqcha va 500 ta buqa berdilar.
10. Fisih marosimiga oid tayyorgarliklar tugagach, ruhoniylar bilan levilar shohning buyrug‘iga binoan o‘z joylarini egalladilar.
11. Levilar Fisih qo‘zilarini bo‘g‘izlab, qonini ruhoniylarga berdilar. Ruhoniylar qonni qurbongohga sepdilar. Levilar esa qo‘zilarning terisini shilishga kirishdilar.
12. Ular kuydiriladigan qurbonliklar uchun qo‘zi va buqalarni odamlarga xonadonlari bo‘yicha taqsimlab berdilar. Toki har bir xonadon o‘ziga tegishli qurbonligini Musoning Tavrotidagi ko‘rsatmalarga binoan keltirsin.
13. Levilar qonun– qoidaga muvofiq, Fisih qo‘zilarini olovda pishirdilar, muqaddas qurbonliklar go‘shtini esa tog‘oralarda, qozonlarda va tovalarda qaynatdilar. Go‘sht tayyor bo‘lgach, uni darrov xalqning oldiga dasturxonga tortdilar.
14. Shundan so‘nggina levilar o‘zlari uchun va ruhoniylar uchun Fisih taomini tayyorlashga kirishdilar. Negaki, Xorun naslidan bo‘lgan ruhoniylarning qo‘li kechgacha bo‘shamadi, ular kuydiriladigan qurbonliklarni va yog‘larni kuydirish bilan ovora edilar.
15. Osif naslidan bo‘lgan qo‘shiqchilar shoh Dovudning, Osif, Xaman va shohning valiysi Yodutunning ko‘rsatmasiga binoan o‘z joylarida turdilar. Ma’bad darvozabonlar ham o‘z joylaridan siljimadilar. Levi birodarlari ularga Fisih taomini tayyorlaganlari uchun xizmatlarini to‘xtatishga zarurat bo‘lmadi.
16. Shunday qilib, o‘sha kuni shoh Yo‘shiyoning farmoniga ko‘ra, Egamizga bag‘ishlangan hamma xizmatlar bajarildi. Fisih ziyofati nishonlanib, Egamizning qurbongohida kuydiriladigan qurbonliklar keltirildi.
17. Isroil xalqi Fisih ziyofatini va yetti kun davomida Xamirturushsiz non bayramini nishonladi.
18. Payg‘ambar Shomuil davridan buyon Isroilda Fisih ziyofati bu singari nishonlanmagan edi. Isroil shohlaridan birortasi Yo‘shiyo singari Fisih ziyofatini ruhoniylar, levilar, jamiki Yahudo va Isroil xalqi hamda Quddus aholisi ishtirokida nishonlamagan edi.
19. Bu Fisih ziyofati shoh Yo‘shiyo hukmronligining o‘n sakkizinchi yilida nishonlandi.
20. Bu voqealardan so‘ng, Yo‘shiyo Ma’badni tartibga solib bo‘lgach, Misr shohi Nexo jang qilgani Furot daryosi bo‘yidagi Karxamish shahriga lashkarini boshlab keldi. Yo‘shiyo unga qarshi otlandi.
21. Lekin Nexo Yo‘shiyoga elchilar orqali shunday xabar yubordi: “Ey Yahudo shohi! Sen bu jangga aralashma! Men senga emas, o‘z dushmanlarimga qarshi urushga otlandim. Xudo menga, shoshil, deb amr berdi. Xudo men tomonda, Unga qarshilik qilishni bas qil, aks holda nobud bo‘lasan.”
22. Ammo Yo‘shiyo jang qilishdan qaytmadi. Xudoning Nexo orqali aytgan so‘zlariga quloq solmadi. Shohona kiyimlarini o‘zgartirib, Maxido‘ tekisligida jangga kirdi.
23. Jang paytida Misr kamonchilari shoh Yo‘shiyoga o‘q otdilar. Shunda shoh a’yonlariga: “Meni bu yerdan olib chiqinglar, og‘ir yaralandim”, dedi.
24. A’yonlar Yo‘shiyoni jang arvasidan olib, boshqa jang aravasiga soldilar–da, Quddusga olib keldilar. Yo‘shiyo shu yerda vafot etdi. U ota–bobolarining xilxonasiga dafn qilindi. Butun Yahudo va Quddus aholisi Yo‘shiyo uchun aza tutdi.
25. Yeremiyo payg‘ambar shoh Yo‘shiyoga atab marsiya aytdi. Shu kunga qadar erkak va ayol qo‘shiqchilar Yo‘shiyoni xotirlaganlarida shu marsiyani aytishadi, bu Isroilda odat bo‘lib qoldi. Bu marsiya qo‘shig‘i “Marsiyalar” kitobi tarkibiga kiritilgan.
26. Yo‘shiyoning boshqa ishlari, Egamizning qonuniga binoan olib borgan sodiq faoliyati,
27. hayotidagi barcha voqealar, boshdan oxirigacha “Isroil va Yahudo shohlari tarixi” kitobida yozilgan.
1. Yahudo xalqi Yo‘shiyoning o‘g‘li Yohuxozni otasining o‘rniga shoh qilib ko‘tardi.
2. Yohuxoz yigirma uch yoshida taxtga o‘tirib, Quddusda uch oy shohlik qildi.
3. So‘ngra Misr shohi Nexo uni Quddus taxtidan tushirib, yurt xalqidan 200 pud kumush va 2 pud oltin o‘lpon talab qildi.
4. Misr shohi Yohuxozning ukasi Eliyaqimni Yahudo va Quddusga shoh qilib tayinladi. Uning ismini o‘zgartirib Yohayiqim qo‘ydi. Akasi Yohuxozni esa Misrga olib ketdi.
5. Yohayiqim yigirma besh yoshida shoh bo‘lib, Quddusda o‘n bir yil hukmdorlik qildi. U Egasi Xudoning oldida qabih ishlar qildi.
6. Bobil shohi Navuxadnazar Yahudoga hujum qildi. U Yohayiqimni zanjirband qilib Bobilga olib ketdi.
7. Egamizning uyidagi bir qancha idishlarni ham Bobilga olib ketib, ularni Bobildagi saroyiga qo‘ydi.
8. Yohayiqimning boshqa ishlari, uning qilgan jirkanch qilmishlari, hamma kamchiliklari “Isroil va Yahudo shohlari tarixi” kitobida yozilgan. Uning o‘rniga o‘g‘li Yohayixin shoh bo‘ldi.
9. Yohayixin sakkiz yoshida shoh bo‘lib, Quddusda uch oyu o‘n kun hukmdorlik qildi. U Egamizning oldida qabih ishlar qildi.
10. O‘sha yili bahorda shoh Navuxadnazar Yohayixinni hibsga olib, Bobilga olib ketdi. U bilan birga Egamizning uyidagi qimmatbaho idishlarni ham olib ketdi. Yohayixinning o‘rniga ukasi Zidqiyoni Yahudo va Quddus ustidan shoh qilib tayinladi.
11. Zidqiyo yigirma bir yoshida shoh bo‘lib, Quddusda o‘n bir yil hukmdorlik qildi.
12. U Egasi Xudoning oldida qabih ishlar qildi. Egamizning so‘zlarini ayon qilgan payg‘ambar Yeremiyoga bo‘yin egmadi.
13. Shoh Navuxadnazar Zidqiyoga Xudoning nomi bilan sadoqat ontini ichdirgan bo‘lsa ham, Zidqiyo Navuxadnazarga qarshi isyon ko‘tardi. U qaysarlik qilib, Isroil xalqining Xudosi — Egamizga tavba qilishdan bosh tortdi.
14. Bosh ruhoniylarning hammasi omma qatorida o‘zga xalqlarning jirkanch odatlariga taqlid qilib, Xudoga o‘ta bevafo bo‘ldilar. Shu yo‘sin, ular Egamizning O‘zi muqaddas qilgan Quddusdagi uyni bulg‘adilar.
15. Ota–bobolarining Xudosi — Egamiz O‘z xalqi va maskaniga rahm qilib, ularning oldiga qayta– qayta payg‘ambarlarini jo‘natdi.
16. Lekin ular Xudoning elchilarini haqorat qilib, Xudoning so‘zlaridan nafratlandilar, payg‘ambarlarni masxara qildilar. Oxiri Egamiz O‘z xalqidan shu qadar g‘azablandiki, ular najotsiz qoldilar.
17. Egamiz ularga qarshi Bobil shohini tortib keldi. Bobil shohi Ma’badda ularning yoshlarini qilichdan o‘tkazdi, na yosh erkakka, na ayolga, na keksaga, na xastaga shafqat qildi. Xudo Yahudo xalqining hammasini Bobil shohining qo‘liga bergan edi.
18. Bobil shohi Xudoning uyidagi kattayu kichik buyumlarni, jamiki xazinani, shoh va uning a’yonlari xazinalarini, xullas, hamma narsani Bobilga olib ketdi.
19. Xudoning uyiga esa o‘t quydi, Quddus devorini buzib tashladi, hamma hashamatli binolarni yondirdi, Quddusdagi hamma qimmatbaho ashyolarni yo‘q qilib tashladi.
20. Qilichdan omon qolganlarini esa Bobilga surgun qildi. Fors shohligi qaror topgunga qadar Yahudo xalqi Bobil shohiga va uning avlodlariga qul bo‘lib qoldi.
21. Yurt bo‘m–bo‘sh cho‘lga aylandi. Yerga dam berilmagan yillarning soni to‘lgunicha, yetmish yil davomida tashlandiq bo‘lib yotdi. Shunday qilib, Egamizning Yeremiyo payg‘ambar orqali aytgan so‘zlari amalga oshdi.
22. Fors shohi Kurush hukmronligining birinchi yilida Egamizning Yeremiyo orqali bildirgan so‘zlari bajo bo‘lishi uchun, Egamiz shoh Kurushning ruhini qo‘zg‘atdi. Shunday qilib, Kurush o‘z shohligining hamma tomoniga xabarchilar jo‘natdi va yozma farmonda quyidagilarni e’lon qildi:
23. “Fors shohi Kurush shunday demoqda: — Samoviy Xudo — Egamiz yer yuzidagi jamiki shohliklarni menga bergan. U Yahudo yurtidagi Quddusda O‘ziga bir uy qurishni menga topshirdi. Xudoning xalqidan bo‘lgan har bir kimsa Quddusga borsin, Egasi Xudo unga yor bo‘lsin.”



YouTube kanaliga xush kelibsiz!




► Uzbek tilida Muqaddas Kitob Injil (YANGILANGAN AUDIO KITOB)


Muqaddas Kitob



AJOYIB KITOBNI O'QING Muqaddas Kitob. Tavrot, Zabur, Injil
Tavrot | Zabur | Injil (+audio)
Muqaddas Kitob  Muqaddas Kitob APP
Yuklab olish - Muqaddas Kitob O'zbek tilida Injil (latin 27mb .pdf)
Скачать - Муқаддас Китоб (Инжил) (кирилл 26mb .PDF)
Муқаддас Китоб (катта шрифтли нусхаси) (кирилл 38mb .PDF)

MUQADDAS KITOB
1. Eng ko'p o'qiladigan kitob - har yili taxminan 80 million nusxada nashr etiladi
2. Muqaddas Kitob 1600 yil davomida 40 dan ortiq mualliflar tomonidan yozilgan va hech qanday qarama-qarshiliklarga ega emas.
3. Injil uch tilda (ibroniy, yunon va oromiy) va uchta qit'ada yozilgan.
4. Muqaddas Kitob toʻliq yoki qisman 2377 til va dialektga tarjima qilingan.

Xush kelibsiz!

Яхши аудио Китоблар
Audiokitoblar Uzbek tilida


Kinolar va Multiklar
Kinolar Uzbek tilida


Audiokitob - Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd
Audiokitob Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd


Аудио Кутубхона
Audiokitob Uzbek tilida

Telegram bot: @audio_kito_bot
Kanal: @kitoblar_elektron_uz


Qaysi kitoblarni tinglashni istaysiz?
Qaysi kitoblarni tinglashni istaysiz?

docs.google.com/forms


Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

Matto Muqaddas xushxabar  Mark Muqaddas xushxabar  Luqo Muqaddas xushxabar  Yuhanno Muqaddas xushxabar  Havoriylarning faoliyati  Yoqubning maktubi  Butrusning birinchi maktubi  Butrusning ikkinchi maktubi  Yuhannoning birinchi maktubi  Yuhannoning ikkinchi maktubi  Yuhannoning uchinchi maktubi  Yahudoning maktubi  Rimliklarga maktub  Korinfliklarga birinchi maktub  Korinfliklarga ikkinchi maktub  Galatiyaliklarga maktub  Efesliklarga maktub  Filippiliklarga maktub  Kolosaliklarga maktub  1-Salonikaliklarga  2-Salonikaliklarga  Timo'tiyga birinchi maktub  Timo'tiyga ikkinchi maktub  Titusga maktub  Filimo'nga maktub  Ibroniylarga maktub  Yuhannoga ko'rsatilgan vahiy


Sharhlar

...ҳар куни — байрамнинг биринчи кунидан охирги кунигача Худонинг Таврот китобидан ўқиб берди...

...kunidan oxirgi kunigacha Xudoning Tavrot kitobidan o‘qib berdi...
Naximiyo 8:18


Yaxshi audio kitoblarni yuklab oling uzbek tilidagi

911. Xudoning irodasini izlash (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. Haqiqiy sevgini izlash (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. Rejalashtirilmagan homiladorlik (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. O'z joniga qasd qilish haqidagi fikrlar (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. Jinsiy zo‘rlanish (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. Ota-onaning ajralishi (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. Nizolar (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. Yaqin insonning vafot etishi (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    Сенинг Чўққиларинг томон йўл (Ханна Харвард)    Фаришталар ҳам сукут сақлаган эдилар (Макс Лукадо)    Худонинг Буюклиги (Эйден Тозер)    Яраланган юрак (Дэн Аллендер)    Худонинг Муқаддаслиги (Роберт Спраул)    Фарзандингиз учун қай тариқа чўпон бўлиш мумкин? (Тед Трипп)    Энага яна ёрдамга шошади (Мишель Лароу)  Сандон устида (Макс Лукадо)    Гувохлик ва биография (Николай Бойко Ерофеевич)    Турмуш ўртоғингиз нотўғри ёъл тутганда, Сиз тоғри ёъл тудинг (Лесли Верник)    Матонат соҳиби (Джош Макдауелл)    Бахтли оила (Абдулла Рашидов)    Zamonamiz durdonasi (Nikolay Boyko)    Худди Исо Каби (Макс Лукадо)    Уни Нажоткор деб аташлари таажжубли эмас (Макс Лукадо)    Дарбадар ўгилнинг қайтиши (Генри Нувен)    Худо жуда яқин келди (Макс Лукадо)    Эски Аҳд аёллари ҳақида вазлар (Чарлз Спержен)    Iso bizning taqdirimiz (Vilgelm Bush)    Сиз осмонда қилолмайдиган иш (Марк Кехилл)    Дарбадар ўғил (Чарлз Спержен)    Ҳомиладорлигим кундалиги (Вера Самарина)    Иброҳимнинг оиласи: парчаланган шажарани шифолаш (Дон Мак-Керри)    Зулматдаги нур (Доктор Джеймс ва Ширли Добсон)    Митти Тиллақўнғиз ва Серқуёш ўтлоқзор аҳолиси (Майя Огородникова)    Подшоҳнинг сири  (Урусла Марк)    Яна қароқчилар қўлидами? (Урусла Марк)    Қароқчиларникидай  эмас (Марк Урусла)    Эътиқод уфқлари (Георгий Винс)    (Биродар Андрей ва Алекс Янсен) Сирли масиҳийлар    Масиҳийлик таълимоти асослари (Роберт Спраул)    Ҳаёт бўронларига бардош беринг (Пол Эстебрукс)    Абадийликка ишонаман (Николай Ерофеевич Бойко)    Ўсмир ибодатининг кучи (Сторми Омартиан) kitob Uzbek tilida    Чегарасиз хает (Ник Вуйчич) kitob Uzbek tilida    Севимли инсоннинг ҳаёти (Генри Нувен) kitob Uzbek tilida    Довюраклар (Макс Лукадо) kitob Uzbek tilida    Бирга қилинган ибодатнинг қудрати (Сторми Омартиан) kitob Uzbek tilida    Хузур халоват амрлари (Джон Макартур) kitob Uzbek tilida    Саботли инсон (Джош Макдауелл) kitob Uzbek tilida    Shijoatkor (Nik Vuychich) kitob Uzbek tilida    Мақсад Сари Йўналтирилган Ҳаёт (Рик Уоррен) kitob Uzbek tilida    Чалғитиш номли душман (Джон Мэйсон) kitob Uzbek tilida    Мафтункор Гўзаллик (Джон ва Стейси Элдридж) kitob Uzbek tilida    Севги ва ҳурмат (Эмерсон Эггерих) kitob Uzbek tilida    Ayollar... (Nensi Demoss) kitob Uzbek tilida    Хакиат асоси (Джон Стотт) kitob Uzbek tilida    ИБОДАТГЎЙ АЁЛНИНГ КУЧИ (СТОРМИ ОМАРТИАН) kitob Uzbek tilida    ТЎҒРИ ҚАРОР (Джош ва Дотти Макдауэлл) kitob Uzbek tilida    Нега? (Филип Янси) kitob Uzbek tilida    Hayotdagi yetakchilik va ijodiy salohiyat (Rik Joyner) kitob Uzbek tilida    Ishayo 53 sharxlar (Mitch Gleyzer) kitob Uzbek tilida    Xudoga qay tarzda manzur bolish mumkin (Robert Charlz Spraul) kitob Uzbek tilida    Mukaddas ruxning siri (Robert Charlz Spraul) kitob Uzbek tilida    Ota-ona ibodatining kuchi (Stormi Omartian) kitob Uzbek tilida    Muhabbat tilsimi (Djosh Makdauell) kitob Uzbek tilida  Xudoning qalbiga mos erkak (Jim Jorj) kitob Uzbek tilida    Bolaning nazaridagi qahramon (Djosh Makdauell) kitob Uzbek tilida    G‘alamisning xati (Klayv Steyplz Lyuis) kitob Uzbek tilida    Dolzarb Savollarga Javoblar (James Paker) kitob Uzbek tilida    kitob Uzbek tilida    kitob Uzbek tilida    kitob Uzbek tilida    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Bolalar Audiokitob Uzbekcha    Bolalar kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida  Hamdu Sanolar Uzbekcha    Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musika



Kitobook – Kitoblar, AudioKitoblar: Инжил ва Muqaddas Kitob ва Инжил Каракалпак