Muqaddas Kitob

Sulaymonning hikmatlari

1. Isroil shohi Dovud o‘g‘li Sulaymonning Hikmatlari.
2. Bu hikmatlar donolik va nasihatni o‘rgatadi, hikmatli so‘zlarni tushuntiradi,
3. Aqlli ko‘rsatmalarga, to‘g‘rilik, adolat, odillikka ega qiladi,
4. Soddalarga idrok, yoshlarga bilim, fahmu farosat beradi.
5. Donolar tinglab bilimini ko‘paytirsin, idrokli esa yo‘l–yo‘riq olsin.
6. Bu hikmatlar — matallarni, jumboqlarni, dononing so‘zlarini va topishmoqlarini tushunish uchundir.
7. Egamizdan qo‘rqish ilmu ma’rifatning boshidir. Donolik va nasihatdan nafratlangan esa nodondir.
8. O‘g‘lim, otang nasihatlariga quloq sol, onang o‘gitlarini rad etma,
9. Chunki ular boshingga go‘zal gulchambar, bo‘yningga marjondaydir.
10. O‘g‘lim, agar gunohkorlar seni yo‘ldan urmoqchi bo‘lsa, bo‘yin berma.
11. Agar ular: “Kel, bizga qo‘shil, pistirma qo‘yib qon to‘kaylik, aybsizning yo‘lini vajsiz to‘saylik,
12. do‘zaxga o‘xshab uni tiriklayin o‘z qa’rimizga tortaylik, chuqur kabi butunlayin yutib yuboraylik,
13. har xil boyliklarni tortib olib, uyimizni o‘lja bilan to‘ldiraylik,
14. hamma narsa o‘rtada bo‘lsin, hamyonimiz bitta bo‘lsin”, — deb aytsalar,
15. o‘g‘lim, ularning yo‘lidan yurma, bir qadam ham bosma.
16. Chunki ular qon to‘kishga tayyordirlar, oyoqlari yovuzlikka shoshiladi.
17. Qushlarning ko‘zi oldida to‘r qo‘yish foydasizdir.
18. Yovuzlar o‘zlarining qoni to‘kilishini kutadilar, o‘zlarining jonlarini poylaydilar.
19. Ochko‘zlik bilan tortib oladiganlarning ahvoli shu! Ular o‘z hayotiga zomin bo‘ladi.
20. Donolik ko‘chada chaqiradi. Maydonda baland ovoz bilan hayqiradi.
21. Gavjum ko‘chaning boshida, shahar darvozalarida jar soladi.
22. “Ey, nodonlar, qachongacha nodon bo‘lib yuraverasiz?! Siz–chi, mazax qiluvchilar, qachongacha mazax qilishdan zavqlanasiz?! Aqlsizlar, qachongacha ilmu ma’rifatdan nafratlanasiz?!
23. Pand–nasihatlarimga quloq solinglar. Mana, sizlarga ruhimni beraman. So‘zlarimni ochaman.
24. Lekin sizlarni chaqirganimda rad etdingiz, qo‘llarimni uzatganimda, e’tibor bermadingiz.
25. Maslahat, pand–nasihatlarimning hech birini qabul qilmadingiz.
26. Shuning uchun boshingizga falokat kelganda, men ham kulaman. Vahimaga tushganingizda, mazax qilaman.
27. Vahima bo‘ronday, falokat esa to‘fonday kelganda, kulfatu mashaqqatlar boshga tushganda,
28. ular meni chaqiradilar, lekin javob bermayman. Ular meni qidiradilar, izlaydilar, lekin topolmaydilar.
29. Chunki ular ilm–ma’rifatdan nafratlandilar, Egamizdan qo‘rqishni tanlamadilar.
30. Maslahatlarimni, o‘gitlarimni qabul qilmadilar.
31. Shuning uchun o‘z qilmishlarining mevasini yeb, pushaymon bo‘lib qoladilar.
32. Nodonlar yo‘ldan adashib o‘zini o‘ldiradi, aqlsizlarning beg‘amligi esa o‘zlarini halok qiladi.
33. Lekin menga quloq solganlar osoyishta hayot kechiradi, yomonlikning vahimasidan xalos bo‘ladi.”
1. O‘g‘lim, nasihatlarimni qabul qilib, amrlarimni yuragingda saqlasang,
2. Donolikka quloq solib, qalbingni fahm–idrokka ochsang,
3. Farosatga tashna, idrokka chanqoq bo‘lsang,
4. Uni kumush izlaganday izlasang, yashirin xazina qidirganday qidirsang,
5. Egamizdan qo‘rqish nimaligini tushunasan, Xudo kimligini bilasan.
6. Chunki donolikni Egamiz beradi, bilim va idrok Uning og‘zidan chiqadi.
7. U to‘g‘ri odam uchun najot saqlaydi, to‘g‘ri yuradiganga O‘zi qalqon bo‘ladi.
8. Adolatli insonni himoya qiladi, Unga sodiq bo‘lganning yo‘lini qo‘riqlaydi.
9. Shunda sen to‘g‘rilik, adolat, odillik, ya’ni to‘g‘ri yo‘l nima ekanligini tushunasan.
10. Chunki yuragingga donolik kiradi, ruhing esa bilimdan zavqlanadi.
11. Fahm–farosat seni himoya qiladi, aql–idrok esa qo‘riqlaydi.
12. Yomon yo‘ldan, yovuz gapiradiganlardan asraydi.
13. Ular to‘g‘ri yo‘lni tashlab, qorong‘ilikda yuradi.
14. Yomon ishlardan xursand bo‘ladi, yovuzlikdan quvonadi.
15. Ular yo‘ldan adashgan, so‘qmoqlari esa egridir.
16. Seni zinokordan, tilyog‘lama buzuq ayoldan saqlasin.
17. U yoshligidagi umr yo‘ldoshini tashlab, Xudo oldida bergan ahdini buzgan.
18. Uning uyi o‘limga, yo‘llari esa o‘liklarning oldiga olib boradi.
19. Uning oldiga borgan qaytib kelmaydi, hayot so‘qmoqlariga yetmaydi.
20. Shuning uchun yaxshi odamlarning yo‘lidan yurgin, solihlarning yo‘lidan chiqmagin.
21. Chunki to‘g‘ri odam o‘sha yerda yashaydi, pok odam u yerda qoladi.
22. Fosiq esa yerdan qirib tashlanadi, vafosiz yo‘q qilinadi.
1. O‘g‘lim, so‘zlarimni unutma, amrlarimni yuragingda saqla.
2. Ular umringga umr qo‘shadi, hayoting tinch bo‘ladi.
3. Abadiy sevgini aslo tark etma. Bo‘yningga marjon qilib taqib ol, yuraging qa’riga yozib qo‘y.
4. Shunda Xudoning ham, odamlarning ham mehrini qozonasan, Ulardan izzat–hurmat topasan.
5. O‘z aql–idrokingga suyanma, butun qalbing bilan Egamizga ishon.
6. Har ishingda Egamizni e’tirof et, shunda U yo‘llaringni to‘g‘rilaydi.
7. O‘zingni dono hisoblama. Egamizdan qo‘rq. Yomonlikdan yuz o‘girgin.
8. Shunday qilsang jisming sog‘, joning esa omon bo‘ladi.
9. O‘z boyliging, birinchi hosiling bilan Egamizni ulug‘la.
10. Shunda omboring to‘lib–toshadi, yangi sharobing yetib ortadi.
11. O‘g‘lim, Egamizning tarbiyasini rad qilmagin, Uning tanbehidan ruhing tushib ketmasin.
12. Ota yaxshi ko‘rgan farzandini jazolagandek, Xudo ham sevganini jazolaydi.
13. Donolikka erishgan, aql–idrok topgan qanday baxtlidir!
14. Chunki uning nafi kumushdan, foydasi esa oltindan ham afzalroqdir.
15. U javohirlardan ham azizdir, sen tilagan biror narsa Unga teng kelmaydi.
16. Uning o‘ng qo‘lida uzoq umr, chap qo‘lida esa boylik va shon–shuhrat bor.
17. Yo‘li — shodlik yo‘li, barcha so‘qmoqlari tinchdir.
18. Donolik uni ushlab turganlar uchun hayot daraxti kabidir, Uni asraganlar esa baxtlidir.
19. Egamiz donolik bilan yerni yaratdi, aql–idroki bilan osmonni o‘z o‘rniga joylashtirdi.
20. Uning aqli bilan chuqurliklar bo‘lingan, bulutlardan shudring tushgan.
21. O‘g‘lim, donolik va fahm–farosatni mahkam ushla, nazaringdan qochirmagin.
22. O‘shanda ular joningga hayot baxsh etadi, bo‘yningga bezakday bo‘ladi.
23. Yo‘lingda eson–omon yurasan, oyog‘ing esa qoqilmaydi.
24. Bexavotir yotasan, uyqung shirin bo‘ladi.
25. Bexosdan keladigan ofatdan qo‘rqma. Yovuz hujum qilganda ham qo‘rqma.
26. Chunki Egamiz yoningda bo‘ladi, seni qoqilishdan asraydi.
27. Yaxshilik qilish qo‘lingdan kelsa, muhtojlardan yordamingni ayama.
28. O‘zingda bor bo‘lsa, qo‘shningga “kechroq kel”, “ertaga beraman”, deb aytma.
29. Senga ishonib, yoningda tinchgina yashayotgan qo‘shningga qarshi yomon niyat qilma.
30. Senga yomonlik qilmagan odam bilan sababsiz urishma.
31. Zo‘ravonga hasad qilma, u qiladigan ishlarni qilma.
32. Chunki Egamizga yovuzlar jirkanchdir, U to‘g‘ri odamga yaqin bo‘ladi.
33. Fosiqning uyi Egamizning la’natiga, solihning uyi esa qut–barakaga to‘ladi.
34. U mazax qiluvchilarni mazax qiladi, kamtarga esa inoyat qiladi.
35. Donolar shon–shuhratga erishadilar, nodonlar esa sharmandalikka duchor bo‘ladilar.
1. O‘g‘illarim, otangizning pand–nasihatlariga quloq solinglar, e’tibor berib farosatli bo‘linglar.
2. Sizlarga yaxshi saboq beraman, so‘zlarimdan yuz o‘girmanglar.
3. Men ota–onamning yolg‘iz, yosh o‘g‘li edim.
4. Bolaligimda otam menga shunday derdi: “So‘zlarimni yuragingga jo qilib, amrlarimni bajargin, shunda yashaysan.
5. Dono bo‘l, idrokli bo‘l, ularni unutma, so‘zlarimdan chiqma.
6. Donolikdan yuz o‘girma, seni himoya qiladi, uni sevgin, seni asraydi.
7. Donolikning boshi shudir, dono bo‘l, bor–yo‘g‘ingni berib bo‘lsa ham, idrok ol.
8. Uni hurmat qil, seni ko‘kka ko‘taradi. Uni quchgin, seni shon–shuhratga erishtiradi.
9. Boshingga iltifot gulchambari, shuhrat tojini kiydiradi.”
10. O‘g‘lim, aytganlarimga quloq solib qabul qil,shunda umring uzoq bo‘ladi.
11. Senga donolik yo‘llarini o‘rgatdim, to‘g‘ri yo‘ldan olib yurdim.
12. Yurganingda to‘siqqa uchramaysan, yugurganingda qoqilmaysan.
13. Yo‘l–yo‘riqlarimni qattiq ushla, qo‘yib yuborma, ularni qo‘riqla, chunki ular hayotingdir.
14. Fosiqning so‘qmoqlariga oyoq bosma, yovuzlar yo‘lidan yurma.
15. Hatto nazar solma, yonidan ham o‘tma, qayrilib uzoqdan yurgin.
16. Chunki ular yomonlik qilmasdan uxlay olmaydi, birortasiga zarar keltirmaguncha uyqulari kelmaydi.
17. Ular fosiqlik nonini yeydi, zo‘ravonlik sharobini ichadi.
18. Solihning yo‘li tongga o‘xshaydi, tong kun chiqquncha yorishaveradi.
19. Fosiqning yo‘li esa zulmat kabidir, nimaga qoqilib ketishini bilmaydi.
20. O‘g‘lim, so‘zlarimni eshit, aytganlarimga quloq sol.
21. Ularni ko‘z oldingdan qochirma, yuragingning qa’rida saqlagin.
22. Chunki ularni topganlarga hayot, butun tani–joniga malham bo‘ladi.
23. Bor kuching bilan qalbingni asra, chunki u hayot bulog‘idir.
24. Og‘zingdan egrilikni, tillaringdan ayyorlikni olib tashla.
25. Ko‘zlaring to‘g‘riga qarasin, nigohlaring oldingga qaratilgan bo‘lsin.
26. To‘g‘ri yo‘lni tanlab yurgin, barcha so‘qmoqlaring mustahkam bo‘lsin.
27. O‘ngga ham, chapga ham og‘ma, yovuzlikdan uzoqlash.
1. O‘g‘lim, donoligimga e’tibor ber, aql–idrokimga quloq sol,
2. toki fahm–farosating yo‘qolmasin, biliming saqlansin.
3. Buzuq ayolning tilidan bol tomadi, so‘zlari — malhamday yumshoq,
4. ammo oqibati zaharday achchiq, xanjarday o‘tkirdir.
5. Oyoqlari o‘lim tomon yuradi, qadamlari o‘liklar diyoriga yetaklaydi.
6. U hayotga olib boradigan yo‘lga e’tibor bermaydi, yo‘llari beqaror, o‘zi buni bilmaydi.
7. O‘g‘lim, menga quloq sol, so‘zlarimdan chiqma.
8. U ayoldan uzoqroq yur, uning eshigiga yaqinlashma.
9. Bo‘lmasa o‘z obro‘ingni begonalarga, hayotingni esa yovuzlarga berasan.
10. Boyligingdan begonalar bahramand bo‘ladi, mehnat bilan topgan mol–mulking o‘zgalarning uyida bo‘ladi.
11. Umring oxirida, vujudingu tanangdan asar qolmagach, faryod qilasan.
12. O‘shanda shunday deysan: “Men intizom va tanqiddan qanchalik nafratlanar edim–a,
13. Na ustozlarimga, na nasihat berganlarga quloq solibman.
14. Ana, oqibat jamoa ichida halokat qirg‘og‘iga kelib qoldim.”
15. O‘z sardobangdagi, o‘z qudug‘ingdagi suvni ichaver.
16. Buloqlaring tashqarida, irmoqlaring ko‘chada oqsinmi?
17. Uni begonalar bilan baham ko‘rma, faqat o‘zingniki bo‘lsin.
18. Bulog‘ing suvlari muborak bo‘lsin, ko‘z ochib ko‘rganing bilan quvongin.
19. Jozibali ohu va go‘zal kiyik! Uning og‘ushi seni qoniqtirsin, doim uning sevgisi bilan qanoatlangin.
20. Nega endi, o‘g‘lim, begona xotinni ko‘ngling qo‘msaydi? Nimaga begona ayolning og‘ushini quchasan?
21. Insonning xatti–harakatlari Egamizning ko‘zi oldida, odamning barcha ishlarini kuzatib turadi.
22. Fosiqning ishlari uning o‘zini ushlaydi, gunohlari esa zanjirga soladi.
23. U intizomsizligidan o‘ladi, ahmoqligi tufayli yo‘ldan ozadi.
1. O‘g‘lim, o‘zgaga kafillik qilib, begona bilan ahdlashgan bo‘lsang,
2. O‘z tilingdan ilinib, so‘zlaring tuzoqqa yetaklagan bo‘lsa,
3. o‘g‘lim, o‘zganing qo‘liga tushib qolibsan, o‘zingni qutqar, bor, tiz cho‘kib yolvor.
4. Ko‘zlaringga na uyqu, na mizg‘ish ber.
5. Ovchidan qochgan ohu kabi, bedanavoz qo‘lidan qochgan bedanaday o‘zingni qutqar.
6. Ey, tanbal, chumolilarga bir qara, ularning xatti–harakatlarini ko‘rib dono bo‘l.
7. Ularning na rahbari, na nazoratchisi, na hukmdori bor.
8. Lekin ular yozda oziq to‘playdi, o‘rim paytida esa don–dun yig‘ishadi.
9. Sen–chi, tanbal, qachongacha uxlaysan?! Qachon o‘rningdan turasan?
10. “Biroz uxlay, bir mizg‘ib olay, yonboshlab birpas dam olay”, — deysan.
11. Shuning uchun qashshoqlik yo‘lto‘sarday, muhtojlik esa qaroqchiday ustingga keladi.
12. Ayyor va nopoklar buzuq so‘zlarni gapirib yuradilar.
13. Ko‘z qisadilar, oyoq–qo‘llari bilan imo–ishora qiladilar.
14. Yuraklarida doim yovuz niyat qilib, odamlar orasida janjal chiqaradilar.
15. Shuning uchun to‘satdan ofatga uchraydilar, shifo topmay to‘satdan halok bo‘ladilar.
16. Olti narsa Egamizga nafratli, yetti narsa jirkanchdir. Bular:
17. manmanlik nigohi, yolg‘onchi til, begunoh qonni to‘kadigan qo‘llar,
18. yomon niyatli yurak, yovuzlikka yuguradigan oyoqlar,
19. yolg‘on gapiradigan soxta guvoh, aka–ukalar orasiga nifoq soluvchilardir.
20. O‘g‘lim, otang nasihatlariga quloq sol, onang o‘gitlarini rad etma,
21. ularni doim yuragingda saqla, bo‘yningga taqib ol.
22. Yurganingda senga yo‘l ko‘rsatadi, uxlaganingda qo‘riqlaydi, uyg‘oqligingda senga gapiradi.
23. Chunki amrlar — chiroq, tanbeh — hayot yo‘li, pand–nasihatlar esa nurdir.
24. Ular seni boshqalarning xotinidan, zinokor ayolning shirin so‘zidan saqlaydi.
25. Yuragingda uning go‘zalligini orzu qilmagin, ko‘zlariga mahliyo bo‘lma.
26. Fohishaga bittagina non haqi yetarli, ammo zino qiluvchi butun hayotingni oladi.
27. Kiyimlarni kuydirmasdan qo‘yinga cho‘g‘ solib bo‘ladimi?!
28. Oyoqni kuydirmasdan cho‘g‘ ustida yurib bo‘ladimi?!
29. O‘zganing xotini oldiga kirganning ahvoli ham shunday, begona ayolga tekkan jazosiz qolmaydi.
30. Qorni ochligidan o‘zini to‘ydirish uchun o‘g‘irlik qilsa, odamlar undan nafratlanmaydi.
31. Lekin qo‘lga tushib qolganda o‘g‘irlangan molining haqini yetti barobar qilib qaytarishi kerak.
32. Zino qilgan aqlsizdir, o‘zini o‘zi nobud qiladi.
33. U ko‘p kaltak yeb sharmanda bo‘ladi, bir umrga badnom bo‘ladi.
34. Chunki rashk erni g‘azablantiradi, er qasos olganda shafqat qilmaydi.
35. Har qanday hadyani rad etadi, qancha pora bersang olmaydi.
1. O‘g‘lim, so‘zlarimni asra, amrlarimni dilingda saqla.
2. Amrlarimni saqlab yasha, ta’limotimni ko‘z qorachig‘ingdek asra.
3. Ularni barmog‘ingga bog‘la, yuraging qa’riga yozib qo‘y.
4. Donolikni singlim, aql–idrokni esa qardoshim deb atagin.
5. Ular seni zinokordan, tilyog‘lama buzuq ayoldan asraydi.
6. Uyimning deraza panjarasi ortidan qaradim,
7. sodda yoshlarning orasida, bir aqlsiz yigitni ko‘rib qoldim.
8. Yigit ko‘chadan o‘tib, zinokor ayolning uyi tomon ketayotgan edi.
9. Oqshom. Kech. Tun qorong‘i edi.
10. Shunda fohishaga o‘xshab kiyingan, makkor niyatli ayol uni kutib olgani chiqdi.
11. U shallaqi, o‘jar, hech qachon uyida turmaydi.
12. Bir qarasang ko‘chada, bir qarasang maydonda, yana bir qarasang har xil burchakda turgan bo‘ladi.
13. U yigitni quchoqlab, o‘pib, benomuslarcha shunday dedi:
14. “Bugun qurbonlik keltirdim, va’dalarimni bajardim.
15. Shuning uchun seni kutib olishga chiqdim, seni qidirib topdim.
16. O‘rnimni Misrdan keltirilgan rangli mato bilan bezadim.
17. Mirra, dolchin, xushbo‘y atirlar sepdim.
18. Qani, yur, tongga qadar kuyov–kelinday rohat qilaylik, huzur–halovat qilaylik.
19. Erim hozir uyda emas, uzoq safarga ketgan.
20. Bir hamyon kumush tanga olib ketgan, oy to‘lmaguncha qaytib kelmaydi.”
21. Ko‘p shirin so‘zlar va muloyim gaplar bilan u yigitni yo‘ldan urdi.
22. Yigit o‘sha zahotiyoq, qushxonaga ketayotgan ho‘kizday, tuzoqqa oyoq qo‘yayotgan kiyikday uning orqasidan ergashdi.
23. U tuzoqqa kirayotgan qushday, nayza jigariga tegmaguncha hayotini yo‘qotishini bilmaydi.
24. O‘g‘illarim, menga quloq solib, so‘zlarimga e’tibor beringlar.
25. Yuragingiz o‘sha ayolning yo‘liga burilmasin, uning so‘qmoqlarida adashmang.
26. U ko‘plarni halok qildi, qurbonlari ham ko‘p.
27. Uning uyi o‘liklar diyoriga yetaklovchi yo‘ldir, o‘limga olib boradi.
1. Donolik chorlamaydimi?! Idrok ovozini baland qilib chaqirmaydimi?!
2. Qir–adirlarda, yo‘l bo‘ylarida, chorrahalarda,
3. shahar darvozalarida, eshiklar oldida turib jar soladi:
4. “Ey, insonlar, sizlarni chaqiryapman, odamzodga gapirmoqdaman.
5. Soddalar, fahm–farosatli bo‘ling, siz, nodonlar, esa idrokli.
6. Quloq soling, men a’lo gaplarni gapiraman, rostini aytaman.
7. Chunki tilim haqiqatni gapiradi, fosiqlikdan esa nafratlanadi.
8. Hamma so‘zlarim to‘g‘ridir, ularda na egrilik, na buzuqlik bor.
9. Farosatlilarga ravshan, bilim oladiganlarga esa to‘g‘ridir.
10. Kumush o‘rniga nasihatlarimni, oltin o‘rniga esa ilm–ma’rifatni tanlang.
11. Chunki donolik qo‘hinurdan a’loroqdir, hech qanday shodlik U bilan tenglasha olmaydi.
12. Men, Donolik, aql–idrok bilan yashayman, bilim va fahm–farosat mendadir.
13. Egamizdan qo‘rqish yomonlikdan nafratlanish demakdir. Men mag‘rurlik va manmanlikdan, yovuzlik va buzuq tildan nafratlanaman.
14. Menda maslahat va haqiqat bor, Men idrokman, quvvatu kuch ham Mendadir.
15. Shohlar men orqali hukm suradilar, hukmdorlar to‘g‘ri qonunlar chiqaradilar.
16. Men orqali rahbarlar boshqaradilar, amaldor va barcha odil hakamlar hukm chiqaradilar.
17. Kim Meni sevsa o‘shani sevaman, astoydil izlaganlar Meni topadilar.
18. Boylik, shuhrat, bitmas–tuganmas xazina, farovonlik Mendadir.
19. Mening hosilim toza oltindan ham, tanlangan kumushdan ham yaxshiroq.
20. Men to‘g‘ri yo‘ldan, adolat so‘qmoqlaridan yuraman.
21. Meni sevganlar boylikni meros qilib oladilar, ularning xazinasini to‘ldiraman.
22. Egamiz ishini boshlamasidan oldin, O‘z ishlarining boshida Menga ega edi.
23. Qadimdayoq, eng boshida, dunyo yaratilmasdan oldin, Men tayinlangan edim.
24. Tubsiz dengizu, bepoyon ummon, yo birorta buloq ko‘z ochmay turib, Men dunyoga keltirilganman.
25. Tog‘u tosh, qir–adir barpo bo‘lmasdan oldin Men tavallud topganman.
26. U hali na yer, na dalalarni, na yerning tuprog‘ini yaratgan edi.
27. Xudo osmonni yaratganda, bepoyon ummon uzra falakni barpo etganda, Men o‘sha yerda edim.
28. Osmonga bulutlarni joylab, dengizlarni suv bilan to‘ldirgan chog‘da,
29. U suv toshib ketmasin deb amr berganda, yerga asos solganda,
30. Men uning yonida musavvir edim, qoshida kundan–kunga zavqlanib, doimo quvonardim.
31. Dunyoda, Uning yerida odamzod bilan xursand bo‘lardim.
32. O‘g‘illarim, menga quloq solinglar, yo‘limdan yurganlar baxtlidir.
33. Pand–nasihatlarimni tinglab dono bo‘linglar, uni rad etmanglar.
34. Har kun ostonamda kutib, eshigimni poylab, so‘zlarimga quloq soladigan baxtlidir.
35. Chunki Meni topgan hayot topadi, Egamizning marhamatiga sazovor bo‘ladi.
36. Ko‘zdan yo‘qotgan o‘ziga zarar yetkazadi, Mendan nafratlangan o‘limni sevadi.”
1. Donolik uy qurdi, uyining yetti ustunini qo‘ydi.
2. Qurbonlik keltirdi, sharob tayyorlab, dasturxon yozdi.
3. Xizmatkorlarini shaharning eng baland joyiga yuborib, ular orqali:
4. “Kim sodda bo‘lsa, bu yoqqa kelsin”, — deb chaqirdi, aqlsizlarga shunday dedi:
5. “Kelinglar, taomimdan yenglar. Men tayyorlagan sharobdan ichinglar.
6. G‘aflatdan voz kechinglar, shunda yashaysizlar, idrok yo‘lidan yuringlar.”
7. Mazax qiluvchiga tanbeh bergan tahqirlanadi, fosiqning xatosini aytgan haqoratlanadi.
8. Mazax qiluvchiga tanbeh berma, bo‘lmasa sendan nafratlanadi. Donoga tanbeh ber, shunda seni sevadi.
9. Donoga o‘rgatsang, yanada donoroq bo‘ladi. Solihni o‘qitsang, bilimini ko‘paytiradi.
10. Egamizdan qo‘rqish donolikning boshidir, Xudoni bilish idrokdir.
11. Chunki Men tufayli umringga umr qo‘shiladi.
12. Dono bo‘lsang o‘zingga foyda, mazax qilsang o‘zing jabr tortasan.
13. Ahmoq ayol shallaqi va farosatsizdir, hech narsani bilmaydi.
14. Uyining eshigi oldida, shaharning eng baland joyida o‘tirib,
15. yo‘lida to‘g‘ri yurgan, yonidan o‘tib ketayotganlarni:
16. “Kimki sodda bo‘lsa, bu yoqqa kelsin”, — deb chaqiradi, aqlsizlarga shunday deydi:
17. “O‘g‘irlangan suv shirindir, berkitib yeyilgan non esa mazali.”
18. Lekin u yerda arvohlar borligini, uning mehmonlari o‘liklar diyorining qa’rida ekanligini bilmaydilar.
1. Sulaymonning hikmatlari. Dono farzand otaga shodlik keltiradi, nodon farzand esa onaga qayg‘u.
2. Yovuzlik bilan topilgan boylikdan naf yo‘q, to‘g‘rilik esa o‘limdan qutqaradi.
3. Egamiz solihning och qolishiga yo‘l qo‘ymaydi, lekin fosiqning xohishini bajo qilmaydi.
4. Dangasa qo‘llar qashshoqlik keltiradi, tirishqoq qo‘llar esa boylik.
5. Yoz paytida hosil yiqqan — dono o‘g‘il, o‘rim payti uxlagan esa otasiga uyat keltiradi.
6. Solihning boshida — baraka, fosiqning tili esa yovuzlik konidir.
7. Solihning xotirasi muborak bo‘ladi, fosiqning nomi yoddan ko‘tariladi.
8. Yuragida donolik bo‘lgan amrlarni qabul qiladi, ezma nodon esa halok bo‘ladi.
9. To‘g‘ri yurgan xavf–xatarni bilmaydi, yo‘ldan qayrilgan esa jazo topadi.
10. Ko‘z qisgan qayg‘uga sabab bo‘ladi, ezma nodon halok bo‘ladi.
11. Solihning tili — hayot bulog‘i, fosiqning tili — yovuzlik koni.
12. Nafrat janjal qo‘zg‘aydi, sevgi–muhabbat esa hamma gunohlarni berkitadi.
13. Idroklining so‘zlarida — donolik, nodonning orqasida esa qamchi.
14. Donolar bilimini orttiradi, nodonning tili esa halokat keltiradi.
15. Boyning qal’asi — boyligi, kambag‘alning halokati esa kambag‘alligidadir.
16. Solihning haqi — hayot, fosiqniki esa jazo.
17. Nasihatga quloq solgan hayot yo‘lidadir, tanbehni tan olmagan yo‘ldan adashadi.
18. Nafratini yashirgan — yolg‘onchi, g‘iybat tarqatuvchi esa ahmoqdir.
19. Gap–so‘z ko‘p bo‘lsa, janjal hech qachon to‘xtamaydi, tilini tiygan esa donodir.
20. Solihning tili oltin kabidir, fosiqning qalbi esa hech narsaga arzimaydi.
21. Solihning tili ko‘plarni oziqlantiradi, nodon esa aqlsizligi tufayli halok bo‘ladi.
22. Egamizning marhamati boylik keltiradi, U boylikka g‘am–tashvish qo‘shmaydi.
23. Ahmoq yomonlik qilishdan, aqlli esa donolikdan zavqlanadi.
24. Fosiq nimadan qo‘rqsa, o‘shanga duchor bo‘ladi, solih esa orzusiga yetishadi.
25. Quyundan keyin fosiqlar yo‘q bo‘ladi, solihlar esa abadiy mustahkamdir.
26. Dangasa unga ish buyurganlarga tishga qo‘yilgan sirka, ko‘zga kirgan tutun kabidir.
27. Egamizdan qo‘rqish umrga umr qo‘shadi, fosiqning umri esa qisqaradi.
28. Solihning orzusi quvonch keltiradi, fosiqning niyati esa puchga chiqadi.
29. Egamizning yo‘li solihlar uchun qal’a, yomonlik qiladiganlar uchun esa halokatdir.
30. Solih hech qachon o‘rnidan qo‘zg‘atilmaydi, fosiq esa o‘sha yerda yashamaydi.
31. Solihning tili donolik keltiradi, yomon til esa kesib tashlanadi.
32. Solihning tili marhamat keltiradi, fosiqning tili esa egrilik.
1. Yolg‘on tarozi Egamiz uchun jirkanchdir, aniq tarozi toshlari esa Uning quvonchidir.
2. Mag‘rurlik bilan sharmandalik keladi, donolik esa kamtarlar bilandir.
3. To‘g‘rilarning sofdilligi yo‘l ko‘rsatsa, xoinlarning ikkiyuzlamachiligi halok qiladi.
4. Qiyomat kunida boylik foyda bermaydi, solihlik esa o‘limdan saqlaydi.
5. Pokdilning solihligi yo‘lini to‘g‘rilaydi, fosiq esa fosiqligi tufayli qoqiladi.
6. To‘g‘rining solihligi najot beradi, sotqin esa yomon niyatlari tufayli tutiladi.
7. Yovuz o‘lsa, orzu–umidlari ham o‘ladi, fosiqning ham xohish–tilaklari poymol bo‘ladi.
8. Solih g‘am–g‘ussadan qutuladi, fosiq esa g‘amga duchor bo‘ladi.
9. Imonsiz tili bilan qo‘shnisini halok qiladi, solih esa ilm–ma’rifati tufayli najot topadi.
10. Solihning ishi yurishsa, el–yurt quvonadi, fosiq halok bo‘lsa, tantana bo‘ladi.
11. To‘g‘ri odamlar tufayli shahar barakali bo‘ladi va yuksaladi, fosiqning tilidan esa el–yurt vayron bo‘ladi.
12. Qo‘shnisini kamsitgan aqlsizdir, idrokli sukut saqlaydi.
13. G‘iybatchi sirlarni ochadi, sodiq esa sir saqlaydi.
14. Yo‘l–yo‘riq ko‘rsatuvchisi bo‘lmagan xalq halok bo‘ladi, maslahatchilar ko‘p bo‘lsa, g‘alaba keladi.
15. Begonaga kafillik qilgan ko‘p jabr ko‘radi, kafil bo‘lishdan nafratlanadigan esa tinchgina yuradi.
16. Mehribon xotin izzat–hurmat topadi, zo‘ravon esa boylik.
17. Rahmdil o‘z joniga manfaat keltiradi, bag‘ritosh esa o‘ziga zarar yetkazadi.
18. Solihlik tarqatadiganlar haqiqiy mukofot, fosiqlar esa yolg‘on mukofot oladilar.
19. Solihlikni ko‘zlagan inson hayotga, yomonlikni ko‘zlagan esa o‘z o‘limiga erishadi.
20. Egri yurak Egamizga jirkanch, poklarning ishlari esa Uning quvonchidir.
21. Fosiq albatta jazosiz qolmaydi, solihning esa avlodlari ham najot topadilar.
22. Chiroyli, ammo farosatsiz ayol, burniga tilla sirg‘a taqqan cho‘chqa misol.
23. Solihning xohishi faqat ezgulik, fosiqning kutganlari esa qahr–g‘azabdir.
24. Ba’zilarning qo‘li ochiq, ammo boyligi ko‘payaveradi. Ba’zilar lozim bo‘lganni berishga qizg‘ansa ham qashshoqlashaveradi.
25. Saxiyning biri ikki bo‘ladi, boshqalarga yaxshilik qilganning o‘zi ham yaxshilik ko‘radi.
26. G‘allasini qizg‘anganni xalq qarg‘aydi, sotganlarga esa baraka yog‘iladi.
27. Ezgulikka intilgan iltifot topadi, yomonlik qidirganga esa yomonlik keladi.
28. Boyligiga ishongan xonavayron bo‘ladi, solih esa barg kabi yashnaydi.
29. O‘z oilasiga g‘am–tashvish keltiradigan meros olmaydi, nodon esa donoga qul bo‘ladi.
30. Solihlarning mahsuli — hayot daraxti, oqilu donolar odamlarning yuragidan joy oladi.
31. Dunyoda solih qancha taqdirlansa, fosiq bilan gunohkor undan ham ko‘proq jazolanadi.
1. Nasihatni sevgan ilm–ma’rifatni sevadi, tanbehdan nafratlanadigan esa ahmoqdir.
2. Yaxshi odam Egamizning marhamatiga sazovor bo‘ladi, niyati buzuqni esa U jazoga hukm etadi.
3. Inson yovuzlik bilan kamol topmaydi, solih hech qachon o‘rnidan qo‘zg‘atilmaydi.
4. Yaxshi xotin erining boshidagi tojidir, erini uyaltiradigan xotin boshga balodir.
5. Solihning fikri–zikri — adolat, fosiqning maslahati esa yolg‘ondir.
6. Fosiqning so‘zi qonga tashna, to‘g‘rining tili esa qutqaradi.
7. Fosiq halokatga uchrab yo‘q bo‘ladi, solihning uyi esa mustahkam turadi.
8. Insonni aql–idrokiga qarab ulug‘laydilar, egri odam esa nafratga duchor bo‘ladi.
9. O‘zini katta tutib nonga zor bo‘lgandan, oddiy bo‘lib xizmatkor bo‘lish yaxshiroq.
10. Solih hayvonga ham mehribonlik qiladi, fosiqning rahmdilligi ham zolimlikdir.
11. Yerga ishlov bergan to‘yib non yeydi, bekor narsani ko‘zlagan esa aqlsizdir.
12. Fosiq yovuzlik to‘riga ilintiray deydi, solihning ildizi yashnaydi.
13. Fosiq tilining gunohi bilan tutiladi, solih esa g‘amdan forig‘ bo‘ladi.
14. Odam so‘zlari tufayli yaxshi narsaga erishadi, mehnati uni taqdirlaydi.
15. Nodon o‘z yo‘lini to‘g‘ri deb o‘ylaydi, dono esa maslahatga quloq soladi.
16. Nodon g‘azabini darhol bildiradi, aqli raso esa haqoratlanganini berkitadi.
17. To‘g‘ri gapiradigan haqiqatni aytadi, soxta guvoh yolg‘on gapiradi.
18. O‘ylamasdan aytilgan so‘z qilichday jarohatlaydi, dononing gaplari esa shifo beradi.
19. Rostgo‘y lablar abadiydir, yolg‘on til esa bir lahzalikdir.
20. Yomon niyat qiladiganning yuragida yolg‘on, tinchlik o‘rnatganda esa quvonch bor.
21. Solihga hech qanday zarar tegmaydi, fosiq esa g‘am–g‘ussadan qutulmaydi.
22. Yolg‘onchi til Egamizga jirkanch, to‘g‘rilik bilan ish qiladiganlar esa Uning sevinchidir.
23. Aqlli bilimini ko‘z–ko‘z qilmaydi, nodon o‘z nodonligini oshkor qiladi.
24. Tirishqoq hukm suradi, dangasa esa qul bo‘ladi.
25. Yurakdagi qayg‘u–alam odamni ezadi, shirin so‘z esa yurakni shod etadi.
26. Solih o‘zgalarga yo‘l ko‘rsatadi, fosiq esa yo‘ldan adashtiradi.
27. Dangasa o‘ljasini pishirishga ham erinadi, g‘ayratli esa qimmatbaho boylikka ega bo‘ladi.
28. Solihlikning yo‘lida hayot, bu yo‘lda o‘lim yo‘qdir.
1. Aqlli farzand otasining nasihatlarini qabul qiladi, mazax qiluvchi esa tanbehga quloq solmaydi.
2. Yaxshi odam so‘zlari bilan yaxshilikka erishadi, xoin esa zo‘ravonlikka.
3. Tilini tiygan jonini asraydi, tiliga erk bergan esa halokatga uchraydi.
4. Dangasaning ko‘ngli xohlaydi–yu, ammo hech narsaga erisha olmaydi, tirishqoq esa orzusiga yetishadi.
5. Solih yolg‘ondan nafratlanadi, fosiq esa uyatli va sharmandali ishlar qiladi.
6. Solihlik to‘g‘ri yuradiganni himoya qiladi, fosiqlik esa gunohkorni halok qiladi.
7. Shunday odam bor, hech narsasi yo‘g‘–u, o‘zini boy ko‘rsatadi. Yana shunday odam bor, boyligi ko‘p–u, o‘zini qashshoq ko‘rsatadi.
8. Jonning haqi — uning boyligi, kambag‘al esa do‘q–po‘pisadan qo‘rqmaydi.
9. Solihlarning chirog‘i doim charog‘on, fosiqniki esa o‘chib qoladi.
10. Mag‘rurlikdan faqat urush chiqadi, nasihatga quloq solgan odamda esa donolik bor.
11. Hiyla bilan topilgan davlat yo‘qoladi, mehnat bilan topilgani esa ko‘payadi.
12. Ro‘yobga chiqmagan umid yurakni ezadi, ushalgan orzu esa hayot daraxtidir.
13. Pand–nasihatlardan nafratlangan o‘ziga halokat keltiradi, amrga quloq solgan esa taqdirlanadi.
14. Dononing ta’limoti — hayot manbayi, odamni o‘lim tuzog‘idan xalos etadi.
15. Idrokli inson marhamatga erishadi, xoinning yo‘li esa mashaqqatlidir.
16. Zukko odam aql bilan ish qiladi, aqlsiz esa ahmoqligini ko‘rsatadi.
17. Yomon xabarchi kulfat olib keladi, sodiq xabarchi esa yurakka shifo keltiradi.
18. Nasihatga quloq solmaganlarga qashshoqlik va uyat, tanbehga quloq solganlarga esa hurmat–izzat.
19. Amalga oshgan tilak jonga rohat beradi, nodon odam yomonlikdan ayrilishni rad etadi.
20. Dono bilan yurgan dono bo‘ladi, ahmoqqa yo‘ldosh bo‘lgan esa halok bo‘ladi.
21. Baxtsizlik gunohkorning ketidan quvib yuradi, solihning mukofoti esa baxt–saodatdir.
22. Yaxshi odam bolalarining bolalariga ham meros qoldiradi, fosiqning boyligi esa solihga nasib etadi.
23. Kambag‘alning dalasida g‘alla mo‘l, lekin adolatsizlik tufayli vayron bo‘ladi.
24. Kaltakni ayagan odam o‘g‘lini yomon ko‘radi, o‘g‘lini sevgan esa yoshlikdan tartib–intizomga o‘rgatadi.
25. Solih qorni to‘yib ovqat yeydi, fosiq esa och qoladi.
1. Dono xotin o‘z oilasini mustahkamlaydi, nodon xotin esa oilasini o‘zi buzadi.
2. To‘g‘ri yo‘ldan yuradigan Egamizdan qo‘rqadi, egri yuradigan esa Uni rad etadi.
3. Ahmoqning so‘zlari o‘ziga kaltak keltiradi, dononiki esa uni himoya qiladi.
4. Ho‘kiz bo‘lmasa oxur toza, lekin ho‘kizning kuchi tufayli hosil ko‘p bo‘ladi.
5. Sodiq guvoh yolg‘on gapirmaydi, soxta guvoh yolg‘on gapirishdan to‘xtamaydi.
6. Mazax qiluvchi donolikni qidiradi, ammo topolmaydi, idrokliga esa bilim olish oson.
7. Aqlsizdan uzoqlash, chunki undan ma’noli so‘z chiqmaydi.
8. Ziyrakning donoligi o‘z yo‘lini bilishidadir, aqlsizning ahmoqligi esa uni yo‘ldan adashtiradi.
9. Ahmoq ayb qurbonligi ustidan kuladi, to‘g‘ri odam esa Xudoning marhamatiga sazovor bo‘ladi.
10. Yurak o‘z dardini o‘zi biladi, xursandligiga boshqalar kafillik berolmaydi.
11. Fosiqlarning uyi xaroba bo‘ladi, to‘g‘rilarning chodiri esa gullab–yashnaydi.
12. Shunday yo‘l borki, insonga to‘g‘ri bo‘lib ko‘rinadi, ammo oxiri o‘limga olib boradi.
13. Kulsa ham yurakda qayg‘u bor, xursandchilikning oxiri g‘amdir.
14. Yuragi qing‘ir o‘z egriligidan, yaxshi odam esa to‘g‘riligidan mamnun.
15. Sodda har bir so‘zga ishonaveradi, aqlli esa qadamini o‘ylab bosadi.
16. Dono qo‘rqib yomonlikdan uzoqlashadi, nodon esa jahli tez va beparvo.
17. Badjahl aqlsizlik qiladi, badniyat esa nafratga uchraydi.
18. Soddalarning nasibasi — nodonlik, aqllilarning toji esa ilmu ma’rifatdir.
19. Yomonlar yaxshilarning oldida, fosiqlar esa solihlarning darvozasida ta’zim qiladi.
20. Kambag‘aldan qo‘shnilari ham nafratlanadi, boyning esa o‘rtoqlari ko‘p.
21. Qo‘shnisini xor qilgan — gunohkor, muhtojga marhamat qilgan esa baxtlidir.
22. Niyati buzuqlar yo‘ldan adashmaydimi?! Yaxshi niyatlilar abadiy sevgiga sazovor bo‘ladi.
23. Har bir mehnatdan foyda bor, quruq gap esa kambag‘allik keltiradi.
24. Oqillarning toji — donoligi, aqlsizning nodonligi esa ahmoqligidir.
25. Rostgo‘y guvoh jonni qutqarsa, yolg‘onchi guvoh aldaydi.
26. Egamizdan qo‘rqish — mustahkam qal’a, farzandlariga ham O‘zi panohdir.
27. Egamizdan qo‘rqish hayot manbaidir, u o‘limdan qutqaradi.
28. Xalqining ko‘pligi — shohning shuhrati, kamligi esa hokimning halokatidir.
29. Sabr–toqatli odam aql–idroklidir, jahldorlik ahmoqlikni bildiradi.
30. Xotirjam yurak tanaga hayot baxsh etadi, hasadgo‘ylik esa suyaklarni chiritadi.
31. Kambag‘alga zulm qilgan ularni Yaratganni tahqirlagan, muhtojga yordam bergan esa Xudoni ulug‘lagan bo‘ladi.
32. Fosiq o‘z qilmishlari tufayli halokatga uchraydi, solihga esa o‘limida ham panoh bor.
33. Donolik oqilning qalbida yashaydi, nodonlar orasida ham o‘zini bildiradi.
34. Solihlik xalqni yuksaltirsa, gunoh sharmanda qiladi.
35. Donolik bilan ish qiladigan qul shohning marhamatiga sazovordir, sharmandali ish qiladigan esa uning g‘azabiga uchraydi.
1. Yumshoq javob g‘azabni qaytaradi, qattiq so‘z esa jahl chiqaradi.
2. Donolar tilidan ilm–hikmat yog‘ilsa, nodonlardan ahmoqlik chiqadi.
3. Egamizning ko‘zlari hamma joyda, U yaxshiyu yomonni ko‘rib turadi.
4. Shirin so‘z — hayot daraxti, buzuq til — jonning halokati.
5. Ahmoq otasining nasihatini rad etadi, tanbehga quloq solgan esa idroklidir.
6. Solihning uyida boylik ko‘p, fosiqning hosili esa tashvish keltiradi.
7. Dononing tili bilim tarqatadi, ahmoqning qalbi esa unday emas.
8. Fosiqning qurbonligi Egamizga jirkanchdir, to‘g‘rining ibodati esa Uning quvonchi.
9. Fosiqning ishlari Egamizga jirkanchdir, solihlikka intilganni esa U sevadi.
10. To‘g‘ri yo‘lni tashlab ketgan qattiq jazo oladi, tanbehdan nafratlangan esa o‘ladi.
11. Hatto O‘lim va Halokat ham Egamiz nigohi ostida ekan, odamzodning qalbi Unga hech narsa emas.
12. Masxara qiluvchi tanbeh berganlarni yoqtirmaydi, u donolar oldiga ham bormaydi.
13. Yurak shod bo‘lsa, chehra ochiq, g‘amgin bo‘lsa, ruh tushkundir.
14. Zakovatli yurak ilm qidiradi, aqlsizning og‘zi ahmoqlik izlaydi.
15. Qiynalganlarga har kun tashvish, lekin yuragida shodlik bo‘lsa, doimo bayram.
16. Ko‘p boylikka ega bo‘lib vahima bilan yashagandan ko‘ra, Egamizdan qo‘rqib ozgina boylik bilan yashash yaxshiroq.
17. Go‘sht yeb nafrat bilan yashashdan, sabzavot yeb sevgi bilan yashagan afzalroq.
18. Badjahl janjal chiqaradi, jahlni tiyadigan esa tinchlantiradi.
19. Dangasaning yo‘li tikanli chetan devor kabi, to‘g‘rining so‘qmog‘i esa katta ravon yo‘ldir.
20. Aqlli farzand otasini quvontiradi, aqlsiz esa onasini xor qiladi.
21. Ahmoqlik vijdonsizga quvonchdir, aqlli esa to‘g‘ri yuradi.
22. Maslahat bo‘lmagan joyda ish yurishmaydi, maslahatchi ko‘p bo‘lsa, muvaffaqiyatli bo‘ladi.
23. Odam yaxshi javobi tufayli quvonadi, o‘z vaqtida aytilgan so‘z qanchalik yaxshi.
24. Donoga tepadagi hayot so‘qmog‘i pastdagi o‘liklar diyoridan uzoqlashish uchundir.
25. Egamiz takabburning uyini xonavayron qiladi, bevaning mol–mulkini saqlaydi.
26. Fosiqning niyatlari Egamizga jirkanch, yoqimli so‘zlar esa pokdir.
27. Ochko‘z o‘z uyiga tashvish keltiradi, poradan nafratlanadigan esa yashaydi.
28. Solih o‘ylab javob beradi, fosiqning og‘zidan esa yomonlik chiqaveradi.
29. Egamiz fosiqlardan uzoqda, lekin solihlarning ibodatini eshitadi.
30. Ko‘zdagi nur ko‘ngilni xushnud etadi, xushxabar esa tan–jonga oziq beradi.
31. Hayotbaxsh nasihatga quloq solgan donolarning orasida bo‘ladi.
32. Nasihatni rad qilgan o‘z jonini xor qiladi, tanbehga quloq solgan esa idrokli bo‘ladi.
33. Egamizdan qo‘rqish donolikni o‘rgatadi, kamtarlik izzatu ikromdan oldinda.
1. Rejalar odamning yuragida, tildagi javob esa Egamizdan.
2. Odamning qilmishlari uning nazarida to‘g‘ri, lekin Egamiz yurakning pokligini o‘lchaydi.
3. Ishlaringni Egamizga topshir, shunda rejalaring mustahkam bo‘ladi.
4. Hamma narsani Egamiz o‘z maqsadi bilan yaratdi, hatto fosiqlar ham kulfat kuni uchun yaralgan.
5. Barcha takabburlar Egamizga jirkanch, ular jazosiz qolmaydilar.
6. Abadiy sevgi tufayli gunoh kechiriladi, Egamizdan qo‘rqish yomonlikdan uzoqlashtiradi.
7. Egamizga insonning yo‘llari ma’qul kelganda, dushmanlari bilan ham yarashtiradi.
8. Adolatsiz kelgan ko‘p daromaddan, halol mehnat bilan topilgan ozginasi yaxshiroq.
9. Odam yuragida niyat qiladi, Egamiz esa uning yo‘lini mustahkamlaydi.
10. Xudoning so‘zlari shohning tilida, hukm qilganda xato qilmaydi.
11. To‘g‘ri taroziyu pallalar Egamiznikidir, tarozi toshlarini ham Xudo yaratgan.
12. Shohning yomonlik qilishi qabihlikdir, chunki uning taxti adolat tufayli mustahkam.
13. To‘g‘ri so‘z shohning quvonchidir, u rostgo‘ylarni yaxshi ko‘radi.
14. Shohning g‘azabi o‘lim darakchisidir, dono uni tinchlantiradi.
15. Shoh yuzidagi tabassum hayotdan nishona, Uning marhamati esa yomg‘ir keltiradigan bulut kabidir.
16. Dono bo‘lish — oltindan, idrok topish esa kumushdan ham yaxshiroqdir.
17. To‘g‘rining yo‘li yomonlikdan uzoqlashtiradi, yo‘lini qo‘riqlagan esa o‘z jonini asraydi.
18. Mag‘rurlikning ortidan halokat keladi, takabburlikdan so‘ng esa odam qoqiladi.
19. Takabburlar bilan o‘lja bo‘lishgandan ko‘ra, kamtarin bo‘lib kambag‘allar orasida bo‘lish yaxshiroq.
20. Gapga tushunadigan yaxshilik topadi, Egamizga umid bog‘lagan baxtli bo‘ladi.
21. Qalbida donolik bo‘lgan farosatli deb ataladi, shirinsuxanlik aql–idrokni ko‘paytiradi.
22. Idrok o‘zining sohibi uchun hayot bulog‘i, ahmoqlik esa ahmoqqa jazodir.
23. Dononing yuragi tiliga idrok beradi, so‘zlarini ishonchli qiladi.
24. Yoqimli so‘z asal kabidir, jonga rohat, suyaklarga malhamdir.
25. Shunday yo‘l borki, insonga to‘g‘ri bo‘lib ko‘rinadi, ammo oxiri o‘limga olib boradi.
26. Mehnat qiladigan odam o‘zi uchun ishlaydi, chunki och qorni uni undaydi.
27. Fosiq yomonlikni qo‘zg‘aydi, so‘zlari kuydiradigan olov kabidir.
28. Makkor janjal chiqaradi, g‘iybatchi esa yaqin do‘stlarni ajratadi.
29. Yovuz o‘zgani aldab, yomon yo‘lga boshlaydi.
30. Ko‘zini qisgan — yomon niyatda, labini tishlagan esa yovuzlik qilgan.
31. Oqargan sochlar — sharofat toji, solihlik yo‘lida yurgan unga erishadi.
32. Jahlini tiygan — qudratlidan, o‘zini tuta biladigan esa shaharni yenggandan yaxshiroq.
33. Qur’a tashlanadi, ammo barcha qaror Egamizdandir.
1. Dasturxoni to‘la janjalli uydan, bir tishlam qattiq noni bor tinch xonadon yaxshiroq.
2. Sharmandali ish qiladigan o‘g‘il ustidan farosatli qul hukmronlik qiladi, u aka–ukalar qatori merosga sherik bo‘ladi.
3. Kumush, oltin olovda sinaladi, odamlarning qalbini esa Egamiz sinaydi.
4. Fosiqlar yovuz odamlarning gapiga kiradi, yolg‘onchi esa g‘iybatga quloq soladi.
5. Kambag‘alni mazax qilgan ularni Yaratganni tahqirlaydi, qiyinchilikda quvonadigan jazosiz qolmaydi.
6. Nabiralar — keksalarning toju taxti, o‘g‘illarning shon–shuhrati otalaridir.
7. Yaxshi so‘z nodonga yarashmagandek, yolg‘onchilik ulug‘sifat odamga aslo to‘g‘ri kelmaydi.
8. Pora egasining nazarida sehrli qimmatbaho tosh, go‘yo hamma yerda omad keltiradi.
9. Gunohni berkitgan do‘stlikni saqlaydi, uni kavlashtirgan esa do‘stni uzoqlashtiradi.
10. Donoga berilgan bitta tanbeh nodonning boshida singan yuzta kaltakdan ta’sirliroq.
11. Fosiq faqat g‘alayon payida bo‘ladi, shuning uchun unga yovuz elchi yuboriladi.
12. Tentakning ahmoqligiga yo‘liqqandan ko‘ra, bolalaridan ayrilgan ona ayiqqa duch kelgan yaxshiroq.
13. Yaxshilikka yomonlik qilganning xonadonidan yomonlik arimaydi.
14. Janjalning boshlanishi — suv urib ketishiday, chiqmay turib uni to‘xtat.
15. Fosiqni oqlash, solihni ayblash — ikkovi ham Egamizga jirkanchdir.
16. Bu nima?! Nodonning qo‘lida boylik bor, “Donolik sotib olay”, — deydi, lekin unda aql yo‘q.
17. Do‘st har qachon sevish uchundir, aka–ukalar ham og‘ir kun uchun tug‘ilgan.
18. Qo‘l tashlab birovga kafillik qiladigan aqlsizdir.
19. Gunohni yaxshi ko‘rgan urush–janjalni sevar, o‘ziga bino qo‘ygan halokat qidirar.
20. Makkor yurakli yaxshilikka erishmaydi, egri til esa kulfatga duchor bo‘ladi.
21. Nodon farzandli bo‘lish qayg‘u keltiradi, ahmoqning otasi esa shodlik nimaligini bilmaydi.
22. Shod yurak — shifobaxsh dori, g‘am–kulfat esa jonning egovidir.
23. Fosiq qo‘ynidan pora olib adolat yo‘lini o‘zgartiradi.
24. Fahm–farosatli inson donolikka qaraydi, nodonning ko‘zi esa dunyoning narigi chetida.
25. Ahmoq farzand — otasiga qayg‘u, uni tuqqan onaga esa g‘amdir.
26. Solihni jazolash, amaldorni odilligi uchun koyish yaxshi emas.
27. Kam gapirgan — dono, og‘ir, vazmin esa idroklidir.
28. Ahmoq ham indamay o‘tirsa dono, tilini tiygan esa farosatli hisoblanadi.
1. Boshqalardan ajralgan o‘z istagini qondirishni xohlaydi, u butun donolikka qarshidir.
2. Nodon aql–idrokni yoqtirmaydi, faqat o‘zini ko‘rsatadi.
3. Fosiq bilan sharmandalik keladi, hurmatsizlik bilan esa uyat.
4. Odamning so‘zlari chuqur suvga o‘xshaydi, donolik bulog‘i esa oshib–toshgan irmoqdir.
5. Fosiqning tarafini olish, hukmda solihni ayblash yaxshi emas.
6. Ahmoqning tili janjal chiqaradi, so‘zlari esa kaltak keltiradi.
7. Ahmoqning tili o‘ziga halokat, so‘zlari joniga tuzoqdir.
8. G‘iybatchining so‘zi shirin ovqat kabidir, odamning butun a’zoyi badaniga singib ketadi.
9. Ishda dangasa bo‘lgan odam buzg‘unchiga og‘aynidir.
10. Egamizning nomi mustahkam qal’adir, solih u yerga borib eson–omon bo‘ladi.
11. Boyning boyligi qal’asidir, uning nazarida shaharning baland devori.
12. Takabburlik halokatga olib boradi, kamtarinlik esa shon–shuhrat keltiradi.
13. Oxirigacha tinglamay javob bergan ahmoqdir, u sharmanda bo‘ladi.
14. Odamning ruhi kasallikka chiday oladi, lekin tushkun ruhga kim toqat qila oladi?!
15. Aqllining qalbi bilim oladi, dono ilmu ma’rifatga intiladi.
16. Sovg‘a egasiga hamma eshiklarni ochadi, katta odam oldiga olib boradi.
17. Birinchi gapirgan odam boshqasi kelib, tekshirmaguncha, haq ko‘rinadi.
18. Qur’a janjalni to‘xtatadi, kuchli raqiblarni ham ajratadi.
19. Xafa bo‘lgan birodarga yaqinlashish kuchli shaharni olishdan ham qiyin, o‘rtadagi janjal qal’aning qulfiga o‘xshaydi.
20. Odamning qorni og‘zining mahsuli, tilining samarasi bilan to‘yadi.
21. O‘lim ham, hayot ham tilning hukmidadir, birisini sevgan mevasini yeydi.
22. Xotin topgan baxt topib, Egamizning marhamatiga sazovor bo‘ladi.
23. Kambag‘al iltijo bilan gapiradi, boy esa qo‘pol javob beradi.
24. Shunday do‘st borki, u halokat keltiradi, do‘st borki, u tug‘ishgandan ham yaqinroqdir.
1. To‘g‘ri yuradigan kambag‘al egri tilli ahmoqdan yaxshiroq.
2. Bilimsiz istak yaxshi emas, shoshqaloqlar esa qoqiladi.
3. Nodonning nodonligi hayotini buzadi–yu, Egamizdan jahli chiqadi.
4. Boylik do‘stlar ustiga do‘st keltiradi, kambag‘al esa do‘stidan ham ayriladi.
5. Soxta guvoh jazosiz qolmaydi, yolg‘on gapiruvchi esa qochib qutulmaydi.
6. A’yonlarning marhamatini istaydigan ko‘p, sovg‘a beruvchiga esa hamma do‘stdir.
7. Kambag‘aldan hamma aka–ukalari nafratlanadi, do‘stlari ham uzoqlashadi, qidirganda ularning izi ham yo‘q.
8. Donolikka erishgan o‘z jonini sevadi, farosatli bo‘lgan esa yaxshilik topadi.
9. Soxta guvoh jazosiz qolmaydi, yolg‘onchi halok bo‘ladi.
10. Hashamatli yashash ahmoqqa yarashmaganidek, xo‘jayin ustidan hokimlik qilish qulga ham to‘g‘ri kelmaydi.
11. Odamning aqli jahlini tiyadi, gunohni kechirish unga shuhrat keltiradi.
12. Shohning g‘azabi sherning o‘kirishiga o‘xshaydi, muruvvati esa maysadagi shabnam kabidir.
13. Nodon o‘g‘il otasiga tashvish, xotinning janjali esa beto‘xtov tomadigan tomchidaydir.
14. Uy va boylik — otadan meros, farosatli xotin esa Egamizdandir.
15. Dangasalik odamni uyquchi qiladi, yalqov esa och qoladi.
16. Amrlarga amal qilgan o‘z jonini asraydi, o‘z hayotini xor qilgan esa o‘ladi.
17. Kambag‘alga rahm qilish — Egamizga qarz berishday, U yaxshilikni qaytaradi.
18. Umid bor ekan, farzandingni tarbiya qil, buzilib, nobud bo‘lishiga yo‘l qo‘yma.
19. Jahldor jazosini oladi, uni bir qutqarsang yana qutqarishingga to‘g‘ri keladi.
20. Nasihatga quloq sol, pand–o‘gitni qabul qil, shunda umring bo‘yi oqil bo‘lasan.
21. Insonning yuragida niyat ko‘p, lekin faqat Egamizning aytgani amalga oshadi.
22. Insonning istagi — sadoqatli sevgi, kambag‘al yolg‘onchidan yaxshiroqdir.
23. Egamizdan qo‘rqish hayotga eltadi, odam huzur–halovatda yashab tashvishga uchramaydi.
24. Dangasa qo‘lini kosaga cho‘zadi–yu, og‘ziga olib kelishga erinadi.
25. Mazax qiluvchini urish! Shunda sodda odamlarga aql kiradi. Farosatliga tanbeh bersang, bilimi oshadi.
26. Otasiga zo‘ravonlik qilib, onasini haydagan o‘g‘il uyat va sharmandalik keltiradi.
27. Ey, o‘g‘lim, agar nasihatga quloq tutmasang, ilm–ma’rifatdan yuz o‘girgan bo‘lasan.
28. Makkor guvoh adolat ustidan kuladi, fosiqning og‘zi yovuzlikni o‘ziga oladi.
29. Mazax qiluvchilarga hukm, nodonlarga esa kaltak tayyordir.
1. Sharob — mazaxchi, aroq — janjalkash, ularga aldanganlar nodondir.
2. Shohning g‘azabi — sherning o‘kirishiday, jahlini chiqargan jonini yo‘qotadi.
3. Janjaldan o‘zini tortish — insonning hurmati, ahmoq esa janjalga aralashadi.
4. Dangasa kuzda yer haydamaydi, o‘rim payti esa qidirib hech narsa topolmaydi.
5. Insonning fikrlari — chuqur suv kabidir, fahmli odam tashqariga chiqara oladi.
6. Ko‘pchilik o‘zini sodiq deb aytadi, haqiqatan ham sadoqatli bo‘lganni topib ko‘r– chi!
7. Solih halol yashaydi, uning bolalari naqadar baxtlidir!
8. Hukmronlik qilayotgan shoh o‘z ko‘zi bilan barcha yomonliklarni ajratadi.
9. “Qalbimni tozaladim, gunohimdan xoliman”, deb kim ayta oladi?!
10. Ikki turli tarozi toshi va noto‘g‘ri o‘lchov — ikkovi ham Egamizga jirkanchdir.
11. Hatto yosh bolani ham xulqidan, to‘g‘ri yo pokligini ishlaridan bilsa bo‘ladi.
12. Eshitadigan quloq, ko‘radigan ko‘z — ikkovini ham Egamiz yaratgan.
13. Uyquni yaxshi ko‘rma, bo‘lmasa kambag‘al bo‘lasan, ko‘zlaringni och, qorning to‘yadi.
14. Xaridor: “Yaxshi emas, yaxshi emas!” — deydi–yu, nariroqqa borib maqtanadi.
15. Oltin bor, yoqut toshlar ham ko‘p, biroq eng qimmatbaho narsa — bilimli til.
16. Begonaga kafillik qilganning kiyimini yechib ol, chet ellikdan esa garov ol.
17. Nohaqlik bilan topilgan non shirin, ammo keyin og‘iz tuproq bilan to‘ladi.
18. Maslahat bilan reja tuz, aqlli yo‘l–yo‘riq bilan urush olib bor.
19. Chaqimchi sirlarni ochadi, og‘zi bo‘sh odam bilan aloqada bo‘lma.
20. Kim ota–onasini la’natlasa, uning chirog‘i zulmatda o‘chib qoladi.
21. Boshida shoshilib olingan meros oxirida barakali bo‘lmaydi.
22. Yovuzlik uchun qasos olaman demagin, Egamizga umid bog‘lab kutgin, U seni qutqaradi.
23. Ikki xil tarozi toshi Egamizga jirkanchdir, yolg‘on tarozi ham yaxshi emas.
24. Insonning qadami — Egamizdan, shunday ekan, u o‘z yo‘lini qanday tushunsin?!
25. O‘ylamasdan Xudoga va’da bergan kishi, ahd qilgandan keyin ikkilangan odam tuzoqdadir.
26. Dono shoh yovuzlarni ajratib, ularning ustidan tegirmon toshi yurgizadi.
27. Odamning ruhi — Egamizning chirog‘i, vujudning barcha chuqurliklarini tekshirib turadi.
28. Abadiy sevgi shohni asraydi, o‘sha inoyat tufayli uning taxti mustahkamdir.
29. Yigitning g‘ururi quvvatida, oqargan sochlar esa keksaning shuhratidir.
30. Qamchining jarohati yomonlikka davodir, kaltak zarbi vujudning eng chuqur joylarini tozalaydi.
1. Shohning yuragi Egamizning qo‘lida, uni irmoqday xohlagan tomonga buradi.
2. Odamning qilmishlari o‘zining nazarida to‘g‘ri, ammo Egamiz yuraklarni sinaydi.
3. Adolatu haqiqatga amal qilish Egamizga qurbonlikdan afzalroqdir.
4. Takabbur ko‘zlar va mag‘rur yurak chiroq kabi fosiqning gunohini ko‘rsatadi.
5. Mehnatkashning rejasi faqat mo‘l–ko‘lchilik keltiradi, shoshqaloq kambag‘allikka uchraydi.
6. Yolg‘on bilan boylik topadiganlar chiqib ketadigan bug‘ kabidir, o‘z o‘limini izlaydi.
7. Yovuzning zo‘ravonligi boshiga yetadi, chunki adolat bilan ish qilishni rad etadi.
8. Gunohkorning yo‘li — egri, sofdilning ishi — to‘g‘ri.
9. Urishqoq xotin bilan keng uyda umr kechirgandan ko‘ra, chordoqda yashagan afzal.
10. Yovuzning ko‘ngli yomonlikka tashna, qo‘shnisi undan rahm–shafqat topmaydi.
11. Mazax qiluvchi jazolansa, sodda odamlar dono bo‘ladi, donoga yo‘l–yo‘riq berilsa, bilimi oshadi.
12. Xudo odildir, fosiqning uyini U kuzatib turadi, u fosiqni halokatga mubtalo qiladi.
13. Kambag‘alning yig‘isiga kim quloq solmasa, o‘zi yig‘laganda ham hech kim javob bermaydi.
14. Yashirincha berilgan sovg‘a jahlni yumshatadi, yeng ichidagi pora esa qattiq g‘azabni.
15. Adolatga amal qilish solihlarga sevinch, fosiqlarga esa qo‘rqinchdir.
16. Aql–idrok yo‘lidan chiqqanlar o‘liklar orasidadir
17. Ziyofatni sevgan qashshoqlashadi, sharob bilan moyni yaxshi ko‘rgan odam boy bo‘lmaydi.
18. Fosiq solihdan, xoin esa to‘g‘ri kishilardan ko‘ra, ko‘proq azob chekadi.
19. Urishqoq va badjahl xotin bilan yashagandan ko‘ra, cho‘lu biyobonda yashash yaxshiroq.
20. Dononing uyida yog‘ ham, eng yaxshi narsalar ham bor, aqlsiz esa uni sarflab yuboradi.
21. To‘g‘rilik va inoyat payida bo‘lganlar uzoq umr, solihlik va shon–shuhratga erishadi.
22. Dono eng qudratli shaharga borib, tayanch bo‘lgan qal’ani ham vayron qiladi.
23. Og‘zini va tilini qo‘riqlagan o‘z jonini tashvishlardan asraydi.
24. Takabbur va mag‘rurning nomi “mazaxchi”, hamma narsani manmanlik bilan qiladi.
25. Dangasaning orzusi o‘limga olib keladi, chunki qo‘llari ishga bormaydi.
26. Dangasaning kuni badnafslik bilan o‘tadi, solih esa ayamasdan beradi.
27. Fosiqlarning qurbonligi jirkanchdir, yovuz niyat bilan keltirilgani esa undan ham battar.
28. Soxta guvoh yo‘q bo‘ladi, haqiqatga quloq solgan esa qoladi.
29. Fosiqning yuzi qattiq, to‘g‘ri odam esa o‘z yo‘lini biladi.
30. Egamizga qarshi donolik ham, idrok ham, reja ham yo‘q.
31. Ot jang kuni uchun tayyorlanadi, g‘alaba esa Egamizning qo‘lida.
1. Yaxshi nom — eng katta boylikdan ortiq, marhamatga sazovor bo‘lish esa kumushu oltindan ham yaxshi.
2. Boy bilan kambag‘alning bir o‘xshashligi bor, ikkovini ham Egamiz yaratgan.
3. Es–hushli xavf–xatarni ko‘rib yashirinadi, sodda esa to‘xtamasdan boraveradi, shuning uchun qiynaladi.
4. Kamtarlik va Egamizdan qo‘rqish boylik, hurmat va hayot keltiradi.
5. Egrining yo‘lida tikanzor va tuzoqlar bor, o‘z jonini asragan undan uzoqlashadi.
6. Bolani to‘g‘ri yo‘lga solib tarbiyala, shunda qariganda ham yo‘lidan adashmaydi.
7. Boylar kambag‘allar ustidan hukmronlik qiladi, qarzdor esa qarz berganning qulidir.
8. Fosiqlikni ekkan tashvish yig‘adi, jahl qamchisi esa sinadi.
9. Saxiy baraka topadi, chunki o‘z nonini kambag‘allar bilan baham ko‘radi.
10. Mazax qiluvchini oradan quv! Shunda g‘avg‘o ketadi, janjalu haqorat ham barham topadi.
11. Pokdillikni sevib, xushmuomala bo‘lganga shoh do‘st bo‘ladi.
12. Egamiz ilm–ma’rifatli insonni asraydi, U xoinning so‘zlarini puchga chiqaradi.
13. Dangasa: “Tashqarida sher bor, ko‘chada meni o‘ldiradi”, — deydi.
14. Buzuq ayolning og‘zi tubsiz chohdir, Egamizning g‘azabiga uchraganlar unga tushadi.
15. Aqlsizlik bolaning diliga o‘rnashgan, tanbeh qamchisi uni ajratib yuboradi.
16. Boy bo‘laman deb qashshoqni ezgan ham, boyga sovg‘a qilgan ham kambag‘allashadi.
17. Donolarning so‘zlariga quloq tut, qalbingni bilimimga och.
18. Chunki bu so‘zlarni qalbingda saqlasang, diling yashnaydi, ular doim tilingda tayyor bo‘lsin.
19. Egamizga umid bog‘lagin deb bugun shularni o‘rgatyapman.
20. Senga bilim va maslahat bilan o‘ttizta nasihat yozib bermaganmidim?!
21. Bu haqiqat so‘zlarini o‘rganib, seni yuborganlarga aytib berishing uchun edi.
22. Kambag‘aldan kambag‘alligi uchun o‘g‘irlama, baxtsizni darvoza oldida hukm qilganda qiynama.
23. Chunki Egamiz himoya qilib, ulardan olganning jonini oladi.
24. Urishqoq bilan do‘stlashma, badjahl bilan yurma.
25. Bo‘lmasa sen ham ularning yo‘liga tushib qolasan, joningni tuzoqqa ilintirasan.
26. Begona bilan qo‘l tashlashma, o‘zganing qarziga kafillik beradiganlarning birisi bo‘lma.
27. To‘lash uchun hech narsang bo‘lmasa, nega tagingdagi to‘shagingni olib ketishi kerak?!
28. Ota–bobolaring qo‘ygan qadimiy chegaralarni buzma.
29. O‘z ishiga mohir ustani ko‘rganmisan? U oddiy odamlarga emas, shohga xizmat qiladi.
1. Hokim bilan ovqatlanishga o‘tirganda, oldingga qo‘yilgan narsalarga nazar sol.
2. Agar ishtahang katta bo‘lsa, bo‘g‘zingga pichoq qo‘y.
3. Uning ne’matlarini ko‘ngling tusamasin, chunki u aldaydigan taomdir.
4. Boy bo‘lay deb ko‘p harakat qilma, fahmu farosat bilan bu fikringdan voz kech.
5. Boylik ko‘z ochib–yumguncha yo‘q bo‘ladi, qanot qoqib burgutday osmonga uchib ketadi.
6. Xasisning ovqatidan yema, uning ne’matlarini ko‘ngling tusamasin.
7. Chunki u ko‘nglida o‘zining foydasini hisoblaydi, “Yegin, ichgin”, — deydi–yu, ko‘ngli sen bilan emas.
8. Yegan luqmangni qayt qilasan, shirin so‘zlaring havoga uchib ketadi.
9. Ahmoqqa gap gapirma, hikmatli so‘zlaringni rad etadi.
10. Qadimiy chegaralarni buzma, yetimlarning dalasini tortib olma.
11. Chunki ularning Himoyachisi qudratli, U yetimlarning tarafini oladi.
12. Yuragingni nasihatga, quloqlaringni esa idrok so‘zlariga och.
13. Boladan tanbehni ayama, chunki tayoq bilan ursang o‘lmaydi.
14. Tayoq bilan urib jazolasang, jonini do‘zaxdan saqlaysan.
15. O‘g‘lim, qalbingda donolik bo‘lsa, yuragim quvonadi.
16. Tilingdan to‘g‘ri so‘z chiqsa, ko‘nglim ham shodlanadi.
17. Gunohkorlarga havas qilma, doim Egamizdan qo‘rqib yur.
18. Chunki albatta kelajak bor, umiding ro‘yobga chiqadi.
19. O‘g‘lim, tinglab dono bo‘l, yuragingni to‘g‘ri yo‘lga sol.
20. Mayxo‘r va ochko‘zlik bilan go‘sht yeydiganlar orasida bo‘lma.
21. Chunki mayxo‘r va ochko‘z qashshoq bo‘ladi, uyquchilik esa juldur kiyim kiydiradi.
22. Seni dunyoga keltirgan otangga quloq sol, onang qariganda xor qilma.
23. Haqiqatni sotib ol, donolik, yo‘l–yo‘riq, idrok ham ol, ularni sotma.
24. Solih otasining boshini ko‘kka yetkazadi, dono farzand uni xursand qiladi.
25. Ota–onang sendan xursand bo‘lsin, senga hayot bergan onang shod bo‘lsin.
26. O‘g‘lim, menga qalbingni och, ko‘zlaring ishlarimni kuzatsin.
27. Chunki buzuq xotin — tubsiz choh, zinokor xotin tor quduqdir.
28. U qaroqchi kabi poylab turadi, odamlar orasida vafosizlikni orttiradi.
29. Qayg‘u kimda, kim g‘am–tashvish tortadi, kim janjal qiladi, shikoyat qilgan kim? Kim sababsiz yaralanadi? Kimning ko‘zlari qip–qizil?
30. Sharob ichishga berilganlar, xush hidli mayni totib ko‘rishga ko‘p borgan.
31. Sharobning qizilligiga, qadahda cho‘g‘day tovlanishiga, tekis quyilishiga qarama.
32. Oxirida u ilon kabi chaqadi, qora ilonday zahar sochadi.
33. Ko‘zlaring g‘alati narsalarni ko‘radi, yuragingda egri fikrlar bo‘ladi.
34. Dengiz o‘rtasida yotganday, kema ustunida uxlaganday bo‘lasan.
35. “Meni urdilar, og‘rimadi, kaltakladilar, lekin bilmadim. Qachon uyg‘onaman?! Yana bir ichay”, — deysan.
1. Fosiqlarga havas qilma, ular bilan birga bo‘lishga intilma.
2. Chunki ular zo‘ravonlikni niyat qiladi, tillari esa yomonlikni gapiradi.
3. Uy donolik bilan quriladi, idrok bilan mustahkam bo‘ladi.
4. Xonalar esa bilim bilan turli qimmatbaho, qimmatli boylikka to‘ladi.
5. Dono sipohlar kuchli sipohlardan, ilm–ma’rifatlilar esa kuchi borlardan qudratliroqdir.
6. Yaxshi odam yo‘l–yo‘riq bilan urushga boradi, maslahatchilar ko‘pligi tufayli g‘alaba qiladi.
7. Ahmoq donolikka yetishmaydi, hukmda og‘zini ocha olmaydi.
8. Yomon niyat qiluvchining nomi shakkokdir.
9. Ahmoqlik bilan tuzilgan reja gunohdir, mazaxchidan odamlar jirkanadi.
10. Tashvishli kunda ojiz bo‘lganning kuchi kamdir.
11. O‘limga mahkum bo‘lganlarni, dorga olib ketilayotganlarni qutqar.
12. “Bilmayman”, — desang ham, yurakni sinaydigan Xudo ko‘rmaydimi, jonni asraydigan buni bilmaydimi? Hammaga ularning ishiga yarasha qaytarmaydimi?
13. O‘g‘lim, asal yeb ko‘rgin, u yaxshi, asalari mumi og‘zingga shirindir.
14. Donolik joningga asaldaydir, unga erishsang kelajagingni topasan, umiding ro‘yobga chiqadi.
15. Ey, fosiq, solihning uyiga pistirma qurma, uy–joyiga tegma.
16. Solih yetti marta yiqilsa ham turib ketaveradi, fosiq esa halokatga uchraydi.
17. Dushmaning yiqilganda sevinma, qoqilgani uchun yuraging quvonmasin.
18. Bo‘lmasa Egamiz buni ko‘rib yoqtirmay, g‘azabini undan o‘giradi.
19. Fosiqlardan jahling chiqmasin, yomonlarga havas qilma.
20. Chunki yomonlarning kelajagi yo‘q, fosiqlarning chirog‘i esa o‘chib qoladi.
21. Ey, o‘g‘lim, Egamizdan ham, shohdan ham qo‘rq, ularga qarshi bosh ko‘tarma.
22. Chunki ulardan kulfat kutilmaganda keladi, ikkovidan keladigan halokatni kim biladi?!
23. Quyidagi so‘zlar ham donolardan. Hukmda tarafgarchilik qilish yaxshi emas.
24. Fosiqqa “solihsan” deganni el la’natlaydi, xalqlar undan nafratlanadi.
25. Unga tanbeh berganlardan xursand bo‘ladi, ular qut–baraka topadilar.
26. To‘g‘ri javob beradiganlarni esa hamma sevadi.
27. Tashqaridagi yumushingni bajar, daladagi barcha ishlaringni tartibga sol, keyin uyingni qurgin.
28. Sababsiz o‘zgaga qarshi guvohlik berma, tiling bilan aldama.
29. “Menga nima qilgan bo‘lsa, men ham shunday qilaman, qilmishiga yarasha qaytaraman”, — dema.
30. Dangasaning dalasidan, nodonning uzumzori yonidan o‘tdim.
31. Ana, hamma yoq tikanzor, hamma yerda qichitqi o‘t, tosh devor ham qulab, yer bilan bitta bo‘lib yotibdi.
32. Qarab, o‘ylab ko‘rdim, uni ko‘rib saboq oldim.
33. “Biroz uxlay, bir mizg‘ib olay, yonboshlab birpas dam olay”, — deydi.
34. Shuning uchun qashshoqlik yo‘lto‘sarday, muhtojlik esa qaroqchiday ustiga keladi.
1. Quyidagilar ham Sulaymonning hikmatlaridir. Bu hikmatlar Yahudo shohi Hizqiyoning odamlari tomonidan yozib olingan.
2. Sirli qilish — Xudoning shuhrati, ishlarni tekshirib bilish esa shoh sharafidir.
3. Osmon baland, dengiz chuqur, shohning yuragi ham shunday, uni tushunish qiyin.
4. Kumushdan chiqindini olib tashla, o‘shanda yaxshi idish qoladi.
5. Fosiqni shoh oldidan chiqarib tashla, shunda shohning taxti haqiqat bilan mustahkam bo‘ladi.
6. Shohning oldida o‘zingni yuqori qo‘yma, ulug‘ odamlar turganda to‘riga chiqma.
7. Chunki o‘zing ko‘rib turgan amirlar oldida birov seni poygakka tushirgandan ko‘ra, “To‘riga o‘ting” degani yaxshiroq.
8. Shoshilib arz qilma, oxirida qo‘shnilarning oldida uyalib qolsang nima bo‘ladi?
9. Qo‘shningning o‘zi bilan gaplash, sirni boshqalarga ochma.
10. Bo‘lmasa, eshitganlar seni uyatga qo‘yadi, noming bir umrga yomon bo‘ladi.
11. O‘z o‘rnida aytilgan so‘z tilla uzukka qo‘yilgan yoqut ko‘zdaydir.
12. Dononing tanbehi tinglagan quloqqa tilla sirg‘a va oltin bezakdaydir.
13. Sadoqatli xabarchi uni yuborganlarga o‘rim paytidagi qordaydir, xo‘jayinining qalbini sevintiradi.
14. Qilmagan sovg‘asi bilan maqtanadigan odam yomg‘irsiz bulut va shamol kabidir.
15. Sabr–toqat bilan gapirilsa amaldor ham ko‘nadi, muloyim so‘z esa toshni ham sindiradi.
16. Asal topsang, yetarlicha yegin, ortiqchasi qayt qildiradi.
17. Qo‘shningnikiga hadeb kiraverma, bo‘lmasa sendan bezib, yomon ko‘rib qoladi.
18. O‘zgaga qarshi soxta guvohlik bergan odam bolta, qilich, o‘tkir o‘qqa o‘xshaydi.
19. Tashvishli kunda vafosizga suyanish, singan tish va cho‘loq oyoqqa ishonish kabidir.
20. G‘amgin odam oldida qo‘shiq aytish ayozda ust–boshini yechib tashlaganday, jarohatga sirka surtish kabidir.
21. Dushmaning och bo‘lsa, ovqat ber, chanqagan bo‘lsa, suv ichir.
22. Shunda uning boshiga yonayotgan cho‘g‘ yiqqanday bo‘lasan, Egamiz esa seni taqdirlaydi.
23. Shimoldan esadigan shamol jala, g‘iybat esa g‘azab keltiradi.
24. Keng uyda urishqoq xotin bilan yashashdan ko‘ra, chordoqda yashagan yaxshiroq.
25. Uzoq yurtdan kelgan xushxabar charchagan odamga sovuq suv kabidir.
26. Fosiqqa bosh eggan solih loyqalangan buloq va buzilgan quduqdaydir.
27. Ko‘p asal yeyish yaxshi emas, izzattalab bo‘lish ham hurmat keltirmaydi.
28. O‘zini tuta olmaydigan odam devorsiz vayrona shahar kabidir.
1. Aqlsizga izzat–hurmat ko‘rsatish yozda yoqqan qor, yig‘im–terim paytidagi yomg‘ir kabidir.
2. Qushlar bekorga osmonga ko‘tarilmaganday, sababsiz la’nat ham odamga tegmaydi.
3. Otga — qamchi, eshakka — suvluq, aqlsizning orqasiga esa — tayoq.
4. Nodonga nodonligiga yarasha javob berma, bo‘lmasa sen ham unga o‘xshab qolasan.
5. Nodonga nodonligiga yarasha javob ber, tag‘in o‘zicha dono bo‘lib ketmasin.
6. Aqlsiz orqali xabar yuborgan odam oyog‘ini kesib tashlaganday azob chekadi.
7. Ahmoqning og‘zidagi matal cho‘loq oyoqdaydir.
8. Aqlsizga izzat–hurmat ko‘rsatish palaxmonga tosh bog‘lab qo‘yish kabidir.
9. Nodonning tilidagi matal mastning qo‘lidagi tikandaydir.
10. Ahmoqni va yo‘ldan o‘tgan har bir mastni yollagan odam to‘g‘ri kelganni otadiganga o‘xshaydi.
11. O‘z qusug‘iga qaytib keladigan it kabi, nodon ham o‘z aqlsizligini takrorlaydi.
12. O‘zini dono deb o‘ylaganni ko‘rganmisan? Undan ko‘ra, aqlsizdan umid ko‘proq.
13. Dangasa: “Ko‘chada sher bor, u ochiq maydonda yuribdi”, — deydi.
14. Eshik o‘z o‘qida aylanadi, tanbal esa o‘z o‘rnida.
15. Dangasa qo‘lini kosaga cho‘zadi–yu, og‘ziga olib kelishga erinadi.
16. Tanbal o‘z nazarida farosat bilan gapiradigan yetti kishidan ham donoroq.
17. Boshqalarning janjaliga aralashgan daydi itning qulog‘idan cho‘zgandaydir.
18. Telba o‘t, nayza va o‘lim yog‘diradi.
19. Birovni aldab: “Faqat hazillashgan edim” degan ham shunday.
20. O‘tin bo‘lmasa, o‘t o‘chib qoladi, chaqimchi bo‘lmasa, janjal to‘xtaydi.
21. Ko‘mir — cho‘g‘ uchun, o‘tin — olov uchun, urishqoq esa janjal chiqarish uchundir.
22. G‘iybatchining so‘zi — eng shirin ovqat, butun a’zoyi badanga singib ketadi.
23. Shirin so‘zli yomon niyatli odam kumush suvi yuritilgan sopol idish kabidir.
24. Dushman tilida boshqacha so‘zlaydi, dilida esa aldashni niyat qiladi.
25. U yumshoq so‘zlaganda ishonma, chunki yuragi qabihlikka to‘la.
26. Nafrat yolg‘on bilan yashirilgan bo‘lsa ham, yomonligi el–yurtga oshkor bo‘ladi.
27. Birovga chuqur qaziganning o‘zi unga tushadi, tosh dumalatganga esa o‘sha tosh qaytadi.
28. Yolg‘onchi til o‘zi yaralaganni yomon ko‘radi, xushomadgo‘y esa halokat keltiradi.
1. Ertangi kun bilan maqtanma, uning nima olib kelishini bilmaysan–ku!
2. Seni o‘zing emas, boshqalar, o‘z og‘zing emas, o‘zgalar maqtasin.
3. Tosh ham, qum ham og‘ir, aqlsizning g‘azabi esa ikkovidan ham og‘irroq.
4. Jahl — zolim, g‘azab bir toshqindir, rashk oldida kim bardosh bera oladi?!
5. Oshkora tanbeh pinhona mehrdan yaxshiroq.
6. Dushmanning shirin so‘zi emas, do‘stning kaltaklashi sadoqatni ko‘rsatadi.
7. To‘q odam asalni ham oyoq osti qiladi, ochga esa achchiq narsa ham shirin.
8. O‘z uyini tashlab ketgan odam inidan ayrilgan qushga o‘xshaydi.
9. Xushbo‘y moy va muattar atir ko‘ngilni shod qiladi, do‘stning samimiy maslahati esa quvonch keltiradi.
10. O‘z do‘stingni va otangning do‘stini tashlama, og‘ir kunda akangnikiga chopma, yaqin qo‘shni uzoqdagi akadan yaxshiroq.
11. Ey, o‘g‘lim, dono bo‘l, qalbimni quvontir, shunda birov meni tanqid qilsa ham, javob qaytara olaman.
12. Es–hushli odam xavf–xatarni ko‘rib yashirinadi, sodda esa to‘xtamasdan boraveradi, shuning uchun qiynaladi.
13. Begonaga kafillik qilsang, kiyimini yechib ol, chet ellikdan esa garov ol.
14. Tong–saharlab do‘stiga hamdu sano aytgan odam unga la’nat o‘qigan bo‘ladi.
15. Janjalkash xotin yomg‘irli kunda to‘xtamay tomayotgan chakkaga o‘xshaydi.
16. Uni boshqarish shamolni boshqarish yoki o‘ng qo‘l bilan moyni ushlash demakdir.
17. Temir temirni o‘tkirlaydi, inson esa do‘stini.
18. Anjirni parvarish qilgan odam uning mevasidan bahramand bo‘ladi, sohibiga yaxshi qaragan esa izzat–hurmatli bo‘ladi.
19. Suv insonning yuzini aks ettirgani kabi, yuragi ham uning ko‘zgusidir.
20. O‘lim va Halokat hech to‘ymaganiday, insonning ko‘zi ham aslo to‘ymaydi.
21. Kumush, oltin olovda sinaladi, odam esa maqtovda.
22. Ahmoqni keliga solib don bilan birga yanchsang ham, ahmoqligi undan ajralmaydi.
23. Qo‘ylaringning ahvolini yaxshi bil, podalaringga yaxshi qara.
24. Chunki boylik ham, toj ham abadiy emas.
25. O‘tlar qurib, yangi ko‘katlar o‘sib chiqqanda, qir–adirdagi o‘t–o‘lanlar yig‘ib olinganda,
26. qo‘zilar kiyim–kechagingni, echkilar esa dala bahosini qoplaydi.
27. Echkilarning suti ko‘p, senga ham, uy ahlingga ham, hatto xizmatkorlaringga ham yetarli.
1. Fosiqni hech kim quvmasa ham qochaveradi, solih esa sherday botir.
2. Yurtda isyon bo‘lganda boshliq ko‘payadi, aql–idrokli tufayli esa tinchlik bo‘ladi.
3. Ojizlarni ezadigan kambag‘al ovqat qoldirmaydigan seldaydir.
4. Qonunni tan olmaydiganlar fosiqlarni maqtaydi, qonunga amal qiladiganlar esa ular bilan kurashadi.
5. Fosiq adolatni tushunmaydi, Egamizga intilgan esa hamma narsani tushunadi.
6. Kambag‘al bo‘lib to‘g‘ri yurish, boy bo‘lib egri yurgandan yaxshiroq.
7. Dono farzand qonunga rioya qiladi, yaramasga ulfat bo‘lgan esa otasini sharmanda qiladi.
8. Sudxo‘r va ochko‘z qashshoqlarga achinadiganga boylik yiqqan bo‘ladi.
9. Qonundan yuz o‘girganning ibodati ham jirkanchlidir.
10. To‘g‘ri odamni yomon yo‘lga boshlagan odam qazigan chuquriga o‘zi tushadi, pokdil esa yaxshilik topadi.
11. Boy o‘zining nazarida dono, aqlli kambag‘al esa o‘zini tekshiradi.
12. Solih martabaga erishganda katta bayram, fosiq lavozimga kelsa odamlar yashirinadi.
13. O‘z gunohlarini yashirgan yutuqqa erishmaydi, ularni tan olib, voz kechgan marhamat topadi.
14. Doim Xudodan qo‘rqqan baxtlidir! Bag‘ri tosh odam esa baloga uchraydi.
15. Ojiz xalq ustidagi yovuz hukmdor irillayotgan sher va hujum qilayotgan ayiqdaydir.
16. Aqlsiz hukmdor juda zolim, adolatsiz foydadan nafratlanadigan uzoq yashaydi.
17. Agar birov odam o‘ldirgan bo‘lsa, o‘lguncha qochib yursin, unga hech kim yordam bermasin.
18. To‘g‘ri yuradigan najot topadi, egri yo‘ldan yuradigan esa yiqiladi.
19. O‘z yeriga ishlov berganning noni mo‘l bo‘ladi, orzu–xayollarga berilgan esa qashshoqlikka uchraydi.
20. Sodiq barakali bo‘ladi, boyishga shoshilgan jazosiz qolmaydi.
21. Tarafkashlik yaxshi emas, bir to‘g‘ram non deb odam vafosizlik qiladi.
22. Xasis odam boylik orqasidan quvib, boshiga qashshoqlik kelishini bilmaydi.
23. Tanqid qiladigan odam xushomadgo‘yga qaraganda ko‘proq marhamat topadi.
24. Ota–onasining mulkini o‘g‘irlab, “Bu gunoh emas” degan odam buzg‘unchiga sherikdir.
25. Ochko‘z janjal chiqaradi, Egamizga ishongan esa to‘q yashaydi.
26. O‘zigagina ishongan ahmoqdir, aql bilan yuradigan esa najot topadi.
27. Kambag‘alga bergan odam kam bo‘lmaydi, ko‘rib ko‘rmaslikka olgan esa ko‘p la’natga uchraydi.
28. Fosiqlar martabaga erishsa odamlar yashirinadi, halokatga yo‘liqqanda esa solihlar ko‘payadi.
1. Tanbeh olsa ham o‘jarligicha qoladigan odam birdaniga halokatga uchraydi, shifo topmaydi.
2. Solihlar ko‘payganda xalq sevinadi, fosiq hukmron bo‘lganda esa fig‘on chekadi.
3. Donolikni sevgan o‘g‘il otasini sevintiradi, fohisha bilan aloqada bo‘lgan mol–mulkini barbod qiladi.
4. Shoh yurtni adolat bilan mustahkamlaydi, sovg‘ani sevadigan esa xarob qiladi.
5. Do‘stiga xushomad qilgan odam o‘z oyoqlariga tuzoq qo‘yganday bo‘ladi.
6. Fosiqning gunohi qopqon, solih esa qo‘shiq aytib quvonadi.
7. Solih ojizning haq–huquqini biladi, fosiqda esa bunday tushuncha ham yo‘q.
8. Mazax qiluvchilar shaharda to‘polon qiladi, donolar esa g‘azabni tinchlantiradi.
9. Dono ahmoq bilan sudlashganda, ahmoq achchiqlansa ham, kulsa ham halovat nima bilmaydi.
10. Qonxo‘r pokdil insondan nafratlanadi, to‘g‘rining jonini olmoqchi bo‘ladi.
11. Nodon bor jahlini to‘kib soladi, dono esa ichida saqlaydi.
12. Hukmdor yolg‘onga quloq solsa, barcha xizmatkorlari fosiq bo‘ladi.
13. Zolim bilan ojizning bir o‘xshashligi bor: ikkoviga ham Egamiz ko‘z nuri bergan.
14. Shoh kambag‘alni adolat bilan hukm qilsa, uning taxti abadiy mustahkam turadi.
15. Qamchi bilan nasihat aql beradi, o‘z holiga tashlab qo‘yilgan bola esa onasiga uyat keltiradi.
16. Fosiq ko‘payganda gunoh ham ko‘payadi, solih esa fosiqning halokatini ko‘radi.
17. Farzandingga tarbiya ber: u senga orom beradi, qalbingni shodlikka to‘ldiradi.
18. Vahiy bo‘lmasa el–yurt yo‘ldan ozadi, Xudoning qonuniga amal qilgan baxtlidir!
19. Qul faqat so‘z bilan tarbiyalanmaydi, so‘zni tushunsa ham amal qilmaydi.
20. Shoshilib gapiradiganni ko‘rganmisan? Undan ko‘ra, nodonda umid ko‘proq.
21. Qulni yoshligidan erkalatib o‘stirsa, oqibatda xo‘jayiniga qayg‘u bo‘ladi.
22. Serjahl odam janjal chiqaradi, serzarda esa ko‘p gunoh qiladi.
23. Odamning mag‘rurligi uni past qiladi, kamtarin esa izzat–hurmat topadi.
24. O‘g‘riga sherik bo‘lgan o‘z jonini yomon ko‘radi, u tanbeh eshitsa ham churq etmaydi.
25. Odamdan qo‘rqish tuzoqqa ilintiradi, Egamizga umid bog‘lagan esa xavf–xatardan xoli bo‘ladi.
26. Hukmdor marhamatini qidirgan ko‘p, lekin insonni hukm qiladigan Egamizdir.
27. Fosiq solihga jirkanch, to‘g‘ri yuradigan esa fosiqqa jirkanchdir.
1. Yoxining o‘g‘li Ag‘urning Ixtiyolga bergan, Itel va O‘xalga aytgan so‘zlari:
2. “Rostdan ham odamlar orasida eng aqlsizi ekanman, insonning aql–idroki menda yo‘q.
3. Na donolikni o‘rganibman, na Xudoni bilibman.
4. Kim osmonga ko‘tarilgan, osmondan tushgan? Shamolni hovuchlariga yiqqan kim? Kim suvni o‘z kiyimiga o‘ragan? Yerning barcha chegaralarini o‘rnatgan kim? Uning ismi nima? O‘g‘lining ismi–chi? Bilasan–ku!
5. Xudoning har bir so‘zi haqiqatdir, O‘zi esa Unga umid bog‘laganning qalqoni.
6. Uning so‘zlariga qo‘shma, U jazolasa, yolg‘oning fosh etilsa nima qilasan?
7. Sendan ikki narsani so‘rayman, o‘lmasimdan oldin qilgin.
8. Soxtalik va yolg‘onni mendan uzoqlashtir, menga qashshoqlik ham, boylik ham emas, faqat nasibamni bergin.
9. Qornim to‘yganda: “Egam kim o‘zi?” deb aytmayin, kambag‘allikdan o‘g‘irlik qilib Uni badnom qilmayin.
10. Qul seni la’natlamasligi uchun egasiga yomonlama, bo‘lmasa jazolanasan.
11. Shunday nasl borki, otasiga la’nat o‘qiydi, onasini duo qilmaydi.
12. Shunday nasl borki, o‘zining nazarida pok, lekin iflosligidan tozalanmagan.
13. Shunday nasl bor, ko‘zlari qanchalik takabbur, qarashlari esa mag‘rur.
14. Shunday nasl borki, tishlari — qilich, qoziq tishlari esa pichoq, yer yuzidan kambag‘alni, odamlar orasidan muhtojni yo‘qotadi.
15. Zulukning ikki qizi bor: “Ber, ber!” — deb aytadi. Hech qachon qoniqmaydigan uch narsa, yetarli, demaydigan to‘rt narsa bor.
16. Do‘zax, bepusht bachadon, suvsiragan tuproq hamda olov, yetarli, demaydi.
17. Otani mazaxlaydigan, onaga bo‘ysunishni rad etadigan ko‘zlarni quzg‘unlar cho‘qiydi, kalxat bolalari yeydi.
18. Meni hayron qoldiradigan uch narsa bor, to‘rt narsa borki, aqlimga sig‘maydi:
19. Havodagi burgutning yo‘li, tosh ustidagi ilonning yo‘li, dengiz o‘rtasidagi kemaning yo‘li hamda qizga yuradigan erkaklarning yo‘li.
20. Zinokor ayolning yo‘li ham shundaydir: u yeb bo‘lgach, og‘zini artib: “Hech bir egrilik qilmadim–ku!” — deydi.
21. Yer uch narsadan larzaga keladi, to‘rt narsani ko‘tara olmaydi:
22. Qul shohlik qilganda, ahmoq to‘yganda,
23. Yomon ko‘rilgan ayol erga tekkanda, cho‘ri bekasining o‘rnini olganda.
24. Yer yuzida to‘rtta kichkina narsa bor, lekin o‘ta dono:
25. Chumolilar zaif, lekin yeguligini yozda tayyorlaydi.
26. Bo‘rsiq kamquvvat, lekin inini qoyaga quradi.
27. Chigirtkalarning sardori yo‘q, lekin barchasi hamjihat yurish qiladi.
28. O‘rgimchakni qo‘l bilan ushlasa bo‘ladi, lekin saroyda ham yuradi.
29. Yurishi salobatli uch narsa, qadami ulug‘vor to‘rt narsa bor:
30. Sher hayvonlar ichida eng kuchlisi, hech nimadan qochmaydi.
31. Maqtanib yuradigan xo‘roz, serka va g‘olib shoh.
32. O‘zingni yuqori qo‘yib ahmoqlik yoki yomon niyat qilgan bo‘lsang, og‘zingni qo‘ling bilan yum.
33. Chunki kuv pishsa yog‘ chiqadi, burunga ursa qonaydi, jahlni qo‘zg‘atsa janjal chiqadi.”
1. Shoh Lemulning so‘zlari. Bu so‘zlarni unga onasi o‘rgatgan:
2. “O‘g‘lim, nima desam ekan? Nima deyin, ey, jigarbandim? Xudodan tilab olgan o‘g‘lim, senga ne aytay?
3. Quvvatingni xotinlarga berma, shohni buzadiganlarga hayotingni sarf qilma.
4. Ey, Lemul, shohlar uchun emas sharob, may amaldorlar uchun emas!
5. Ular ichib qonunni unutadi, ezilgan xalqning hukmida egrilik qiladi.
6. Mayni halok bo‘layotganga, sharobni esa qayg‘u chekkanga bergin.
7. Ular ichib kambag‘alligini unutsin, falokatlarini eslamasin.
8. Og‘zingni gung uchun ochgin, boshiga kulfat tushganlarning tarafini olgin.
9. Gapir, adolat bilan hukm qil, bechora va kambag‘allarni himoya qil.”
10. Farosatli xotinni kim topa oladi? Uning bahosi gavhardan ham baland.
11. Eri unga yurakdan ishonadi, hech narsaga muhtoj bo‘lmaydi.
12. U eriga yomonlik emas, bir umr yaxshilik qiladi.
13. Jun va surp topadi, xursand bo‘lib o‘z qo‘li bilan ishlaydi.
14. Savdo kemalari kabi uzoqdan nonini keltiradi.
15. Qorong‘uda o‘rnidan turib, uy ahlini ovqatlantiradi, xizmatkorlariga topshiriq beradi.
16. O‘ylab dala sotib oladi, o‘z qo‘li bilan uzumzor yaratadi.
17. Belini mahkam bog‘lab, qo‘llariga quvvat beradi.
18. Qilgan ishining rohatini ko‘radi, tunlari ham chirog‘i o‘chmaydi.
19. Qo‘lini charxga qo‘yadi, barmoqlari dukni tutadi.
20. Kambag‘allarga qo‘lini uzatadi, muhtojlarga rahm qiladi.
21. Uy ahli uchun qish–qirovdan qo‘rqmaydi, chunki ular hammasi qalin kiyintirilgan.
22. O‘zi uchun so‘zana tikadi, libosi esa kimxob va shoyidandir.
23. Eri yurt oqsoqollari orasida o‘tiradi, shahar darvozasida tanilgan.
24. Yana shoyidan kiyim tikib sotadi, savdogarlarga belbog‘ yetkazib beradi.
25. Libosi — quvvat, sharaf, u kelajakka qarab quvonadi.
26. Donolik bilan so‘zlaydi, mehr bilan nasihat qiladi.
27. Uy ahliga yaxshi qaraydi, dangasalik qilmaydi.
28. Bolalari turib duo qiladi, eri ham maqtaydi.
29. “Farosatli ayollar ko‘p, ammo sen hammasidan a’losan.”
30. Joziba aldamchi, chiroy esa o‘tkinchidir, ammo Xudodan qo‘rqadigan ayol ko‘kka ko‘tariladi.
31. Mehnatining mevasini ko‘rsin, ishlari darvozalarda uni sharaflasin.



YouTube kanaliga xush kelibsiz!




► Uzbek tilida Muqaddas Kitob Injil (YANGILANGAN AUDIO KITOB)


Muqaddas Kitob



AJOYIB KITOBNI O'QING Muqaddas Kitob. Tavrot, Zabur, Injil
Tavrot | Zabur | Injil (+audio)
Muqaddas Kitob  Muqaddas Kitob APP
Yuklab olish - Muqaddas Kitob O'zbek tilida Injil (latin 27mb .pdf)
Скачать - Муқаддас Китоб (Инжил) (кирилл 26mb .PDF)
Муқаддас Китоб (катта шрифтли нусхаси) (кирилл 38mb .PDF)

MUQADDAS KITOB
1. Eng ko'p o'qiladigan kitob - har yili taxminan 80 million nusxada nashr etiladi
2. Muqaddas Kitob 1600 yil davomida 40 dan ortiq mualliflar tomonidan yozilgan va hech qanday qarama-qarshiliklarga ega emas.
3. Injil uch tilda (ibroniy, yunon va oromiy) va uchta qit'ada yozilgan.
4. Muqaddas Kitob toʻliq yoki qisman 2377 til va dialektga tarjima qilingan.

Xush kelibsiz!

Яхши аудио Китоблар
Audiokitoblar Uzbek tilida


Kinolar va Multiklar
Kinolar Uzbek tilida


Audiokitob - Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd
Audiokitob Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd


Аудио Кутубхона
Audiokitob Uzbek tilida

Telegram bot: @audio_kito_bot
Kanal: @kitoblar_elektron_uz


Qaysi kitoblarni tinglashni istaysiz?
Qaysi kitoblarni tinglashni istaysiz?

docs.google.com/forms


Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

Matto Muqaddas xushxabar  Mark Muqaddas xushxabar  Luqo Muqaddas xushxabar  Yuhanno Muqaddas xushxabar  Havoriylarning faoliyati  Yoqubning maktubi  Butrusning birinchi maktubi  Butrusning ikkinchi maktubi  Yuhannoning birinchi maktubi  Yuhannoning ikkinchi maktubi  Yuhannoning uchinchi maktubi  Yahudoning maktubi  Rimliklarga maktub  Korinfliklarga birinchi maktub  Korinfliklarga ikkinchi maktub  Galatiyaliklarga maktub  Efesliklarga maktub  Filippiliklarga maktub  Kolosaliklarga maktub  1-Salonikaliklarga  2-Salonikaliklarga  Timo'tiyga birinchi maktub  Timo'tiyga ikkinchi maktub  Titusga maktub  Filimo'nga maktub  Ibroniylarga maktub  Yuhannoga ko'rsatilgan vahiy


Sharhlar

...ҳар куни — байрамнинг биринчи кунидан охирги кунигача Худонинг Таврот китобидан ўқиб берди...

...kunidan oxirgi kunigacha Xudoning Tavrot kitobidan o‘qib berdi...
Naximiyo 8:18


Yaxshi audio kitoblarni yuklab oling uzbek tilidagi

911. Xudoning irodasini izlash (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. Haqiqiy sevgini izlash (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. Rejalashtirilmagan homiladorlik (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. O'z joniga qasd qilish haqidagi fikrlar (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. Jinsiy zo‘rlanish (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. Ota-onaning ajralishi (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. Nizolar (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. Yaqin insonning vafot etishi (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    Сенинг Чўққиларинг томон йўл (Ханна Харвард)    Фаришталар ҳам сукут сақлаган эдилар (Макс Лукадо)    Худонинг Буюклиги (Эйден Тозер)    Яраланган юрак (Дэн Аллендер)    Худонинг Муқаддаслиги (Роберт Спраул)    Фарзандингиз учун қай тариқа чўпон бўлиш мумкин? (Тед Трипп)    Энага яна ёрдамга шошади (Мишель Лароу)  Сандон устида (Макс Лукадо)    Гувохлик ва биография (Николай Бойко Ерофеевич)    Турмуш ўртоғингиз нотўғри ёъл тутганда, Сиз тоғри ёъл тудинг (Лесли Верник)    Матонат соҳиби (Джош Макдауелл)    Бахтли оила (Абдулла Рашидов)    Zamonamiz durdonasi (Nikolay Boyko)    Худди Исо Каби (Макс Лукадо)    Уни Нажоткор деб аташлари таажжубли эмас (Макс Лукадо)    Дарбадар ўгилнинг қайтиши (Генри Нувен)    Худо жуда яқин келди (Макс Лукадо)    Эски Аҳд аёллари ҳақида вазлар (Чарлз Спержен)    Iso bizning taqdirimiz (Vilgelm Bush)    Сиз осмонда қилолмайдиган иш (Марк Кехилл)    Дарбадар ўғил (Чарлз Спержен)    Ҳомиладорлигим кундалиги (Вера Самарина)    Иброҳимнинг оиласи: парчаланган шажарани шифолаш (Дон Мак-Керри)    Зулматдаги нур (Доктор Джеймс ва Ширли Добсон)    Митти Тиллақўнғиз ва Серқуёш ўтлоқзор аҳолиси (Майя Огородникова)    Подшоҳнинг сири  (Урусла Марк)    Яна қароқчилар қўлидами? (Урусла Марк)    Қароқчиларникидай  эмас (Марк Урусла)    Эътиқод уфқлари (Георгий Винс)    (Биродар Андрей ва Алекс Янсен) Сирли масиҳийлар    Масиҳийлик таълимоти асослари (Роберт Спраул)    Ҳаёт бўронларига бардош беринг (Пол Эстебрукс)    Абадийликка ишонаман (Николай Ерофеевич Бойко)    Ўсмир ибодатининг кучи (Сторми Омартиан) kitob Uzbek tilida    Чегарасиз хает (Ник Вуйчич) kitob Uzbek tilida    Севимли инсоннинг ҳаёти (Генри Нувен) kitob Uzbek tilida    Довюраклар (Макс Лукадо) kitob Uzbek tilida    Бирга қилинган ибодатнинг қудрати (Сторми Омартиан) kitob Uzbek tilida    Хузур халоват амрлари (Джон Макартур) kitob Uzbek tilida    Саботли инсон (Джош Макдауелл) kitob Uzbek tilida    Shijoatkor (Nik Vuychich) kitob Uzbek tilida    Мақсад Сари Йўналтирилган Ҳаёт (Рик Уоррен) kitob Uzbek tilida    Чалғитиш номли душман (Джон Мэйсон) kitob Uzbek tilida    Мафтункор Гўзаллик (Джон ва Стейси Элдридж) kitob Uzbek tilida    Севги ва ҳурмат (Эмерсон Эггерих) kitob Uzbek tilida    Ayollar... (Nensi Demoss) kitob Uzbek tilida    Хакиат асоси (Джон Стотт) kitob Uzbek tilida    ИБОДАТГЎЙ АЁЛНИНГ КУЧИ (СТОРМИ ОМАРТИАН) kitob Uzbek tilida    ТЎҒРИ ҚАРОР (Джош ва Дотти Макдауэлл) kitob Uzbek tilida    Нега? (Филип Янси) kitob Uzbek tilida    Hayotdagi yetakchilik va ijodiy salohiyat (Rik Joyner) kitob Uzbek tilida    Ishayo 53 sharxlar (Mitch Gleyzer) kitob Uzbek tilida    Xudoga qay tarzda manzur bolish mumkin (Robert Charlz Spraul) kitob Uzbek tilida    Mukaddas ruxning siri (Robert Charlz Spraul) kitob Uzbek tilida    Ota-ona ibodatining kuchi (Stormi Omartian) kitob Uzbek tilida    Muhabbat tilsimi (Djosh Makdauell) kitob Uzbek tilida  Xudoning qalbiga mos erkak (Jim Jorj) kitob Uzbek tilida    Bolaning nazaridagi qahramon (Djosh Makdauell) kitob Uzbek tilida    G‘alamisning xati (Klayv Steyplz Lyuis) kitob Uzbek tilida    Dolzarb Savollarga Javoblar (James Paker) kitob Uzbek tilida    kitob Uzbek tilida    kitob Uzbek tilida    kitob Uzbek tilida    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Bolalar Audiokitob Uzbekcha    Bolalar kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida  Hamdu Sanolar Uzbekcha    Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musika



Kitobook – Kitoblar, AudioKitoblar: Инжил ва Muqaddas Kitob ва Инжил Каракалпак