Muqaddas Kitob

Doniyor

1. Yahudo shohi Yohayiqim hukmronligining uchinchi yilida Bobil shohi Navuxadnazar Quddusga qo‘shin tortib kelib, shaharni qamal qildi.
2. Rabbiyning irodasi bilan Navuxadnazar Yahudo shohi Yohayiqimni asirlikka olib, Xudoning uyidagi ayrim idishlarni olib chiqdi. Navuxadnazar o‘ljalarni Bobil yurtiga olib borib, idishlarni o‘z xudosining uyidagi xazinaga joylashtirdi.
3. U saroyning bosh mulozimi Ashnapazga shunday buyruq bergan edi: “Isroil xalqidan olingan asirlardan shoh va zodagonlarning oilalariga mansub bo‘lgan
4. yosh, jismonan sog‘lom, xushqomat, zehni o‘tkir, qobiliyatli, farosatli va shohning saroyida xizmat qilishga layoqatli yigitlarni olib kel. Sen ularga bobil tili va adabiyotini o‘rgatishing kerak.
5. Har kungi yegulik bilan sharob ularga mening dasturxonimdan berilsin. Ular uch yil ta’lim olishgach, mening huzurimda hozir bo‘lishlari lozim.”
6. Tanlanganlarning orasida Yahudo qabilasidan bo‘lgan Doniyor, Xanoniyo, Mishail va Ozariyo ismli o‘spirinlar bor edi.
7. Bosh mulozim ularning ismlarini o‘zgartirib, Doniyorni Beltashazar, Xanoniyoni Shadrax, Mishailni Meshax, Ozariyoni esa Abednaxu deb atadi.
8. Doniyor shohona yegulik va sharobdan bulg‘anishni xohlamadi. U bu taomlardan voz kechmoqni ahd qilib, bosh mulozimdan buning uchun ijozat so‘radi.
9. Xudoning irodasi bilan Doniyor bosh mulozimning muruvvatiyu iltifotiga sazovor bo‘lgan edi.
10. Ammo bosh mulozim Doniyorning taklifini eshitib lol qoldi va dedi: “Yo‘q, yegulik bilan ichimliklarni sizlarga shoh hazratlarining o‘zlari belgilaganlar. Hazratimning buyruqlaridan bosh tortishdan qo‘rqaman. Bordi–yu, ko‘rinishlaring tengdoshlaringnikidan yomonroq bo‘lsa, jonimni xavf ostiga qo‘ygan bo‘lasizlar.”
11. Keyin Doniyor bu masala xususida bosh mulozim tayinlagan soqchi bilan gaplashdi, chunki bu soqchi Doniyor va uning uch og‘aynisi uchun mas’ul bir odam edi. U soqchiga shunday dedi:
12. “Iltimos, qullaringizni o‘n kun davomida sinab ko‘ring. Bizga yegani sabzavot, ichgani suv bering.
13. Keyin esa bizni shohona yegulikni yegan yigitlar bilan solishtirib ko‘ring, so‘ng bilganingizni qilavering.”
14. Soqchi rozi bo‘lib, ularni o‘n kun davomida sabzavotlar bilan boqdi.
15. O‘n kun o‘tgach, ularning qadlari to‘lishib, shohona yegulik yegan boshqa yigitlardan ancha ko‘rkam bo‘ldi.
16. Shunday qilib, soqchi ularning shohona yeguliklari va sharobini o‘ziga olib qolib, ularga faqat sabzavotlar beradigan bo‘ldi.
17. Xudo bu to‘rtta yigitga adabiyot va falsafaning har sohasini fahmlamoq uchun bilim va iste’dod bergan edi. Bundan tashqari, Doniyor turli xil vahiy va tushlarni ta’birlash qobiliyatiga ega edi.
18. Shoh belgilagan muddat tugagach, bosh mulozim hamma yigitlarni Navuxadnazar huzuriga olib bordi.
19. Shoh ularning har biri bilan suhbatlashdi. Ular orasida hech kim Doniyor, Xanoniyo, Mishail va Ozariyoga teng kelmas edi. Shuning uchun shoh ularni o‘z saroyida olib qoldi.
20. Shoh qanday savol bermasin va qanday jumboqni yechishni so‘ramasin, ularning bilimi va donoligi butun shohlikdagi folbinu munajjimlarnikidan o‘n barobar ziyoda edi.
21. Doniyor saroyda shoh Kurush hukmronligining birinchi yiligacha xizmat qildi.
1. Navuxadnazar hukmronligining ikkinchi yilida bir tush ko‘rdi. Tushi uni shu qadar bezovta qilib yubordiki, ko‘ziga boshqa uyqu kelmadi.
2. Shoh tushining ta’birini bilish uchun qo‘li ostidagi barcha folbin, munajjim, sehrgar va afsungarlarni chaqirtirdi. Ular shoh huzurida hozir bo‘lganlarida,
3. shoh ularga shunday dedi: — Men g‘alati bir tush ko‘rdim. Yuragimga g‘ulg‘ula solgan bu tushning ta’birini bilmoqchiman.
4. Ular shohga oramiy tilida dedilar: — Shoh hazratlarining umri boqiy bo‘lsin! Tushingizni aytib bering, kaminalaringiz uni ta’birlab beradilar.
5. — Bilib qo‘yinglar, — dedi ularga shoh. — Agar menga tush va uning ta’birini aytib bermasangiz, men sizlarni jazolab, tanalaringizni bo‘lak–bo‘lak qildiraman, uylaringizni esa vayron qilib, bir uyum toshga aylantiraman.
6. Bordi–yu, tushimni aytib, uni ta’birlab bersangiz, sizlarga in’omu mukofotlar berib, izzat–ikrom ko‘rsataman. Qani, endi menga ko‘rgan tushimni va uning ta’birini aytib beringlar!
7. Ular shohga ikkinchi marta dedilar: — Shoh hazratlari avval tushlarini aytsinlar, kaminalaringiz uni ta’birlashga tayyordirlar.
8. — Sizlar qarorim qat’iy ekanini ko‘rib, vaqtni cho‘zmoqchisizlar, — dedi shoh. — Buni aniq bilib turibman.
9. Agar tushimni aytib bermasangiz, hammangizga jazo bir! Sizlar meni laqillatib, vaziyat o‘zgargunicha vaqtni cho‘zishga kelishib olgansizlar. Tushni menga aytib beringlar, shunda uni ta’birlay olishingizni ham bilaman.
10. — Yer yuzida shohning bu talabini qondiradigan bironta jon bormikan?! — deya ajablandilar ular. — Shuhrati ro‘yi zaminga yoyilgan shohlarning birontasi ham bunday narsani na folbin, na munajjim, na afsungardan talab qilgan.
11. Shoh hazratlari bizdan imkonsiz bir narsani talab qilyaptilar. Buni shohga foniy bandalar dunyosidan yiroq yashaydigan xudolardan boshqa hech kim ochib berolmaydi.
12. Darg‘azab bo‘lgan shoh: “Bobildagi barcha saroy maslahatchilari qatl qilinsin!” — deya farmon berdi.
13. Farmon e’lon qilindi. Saroy maslahatchilari qatl qilinish arafasida edi. Doniyor va uning o‘rtoqlari ham qatl qilinishlari kerak edi.
14. Shoh soqchilarining boshlig‘i Oriyox saroy maslahatchilarini qatl qilmoq uchun yo‘lga chiqqanda, Doniyor uning oldiga borib, ehtiyotkorlik bilan murojaat qilib:
15. “Ey, Oriyox hazratlari, nima bois shoh bunday shoshilinch farmon chiqardilar?” — deb so‘radi. Shunda Oriyox bo‘lib o‘tgan voqeani unga birma–bir so‘zlab berdi.
16. Doniyor shosha–pisha shoh qoshiga kirib, tushning ta’birini topmoq uchun hazratlaridan muhlat so‘radi.
17. So‘ng uyga borib, bo‘lib o‘tgan voqeani sheriklari Xanoniyo, Mishail va Ozariyolarga aytib berib, dedi:
18. “Saroy maslahatchilari bilan birga halok bo‘lmasligimiz uchun, Samoviy Xudoga iltijo qilinglar. U bizga rahm qilib, bu sirni ochib berishini so‘ranglar.”
19. O‘sha kecha Doniyorga bu sir vahiy orqali oshkor bo‘ldi va Doniyor Samoviy Xudoga hamdu sanolar aytdi:
20. “Xudoyimiz dono va qudratlidir, Asrlar osha Uning nomi ulug‘lansin!
21. U zamon va davrlarni o‘zgartirar, Shohlarni taxtdan tushirib taxtga o‘tqazar. Donishmandlarga donolik, Oqilu fozillarga bilim berar.
22. Pinhon saqlangan sirlarni ochar, Zulmatda yashiringan narsalarni bilar, Yorug‘lik Uning dargohida maskan topar.
23. Ey, ota–bobolarimning Xudosi, Senga shukrlar aytib, madhlar kuylayman, Zero, donoligu qudratni menga bergan Sensan, Istagan narsamni menga ochgan Sensan, Shoh tushini bizga oshkor qilgan Sensan.”
24. Doniyor saroy maslahatchilarini qatl qilish uchun shoh tomonidan tayinlangan Oriyoxning oldiga borib: — Hazratim, saroy maslahatchilarining jonlariga zinhor qasd qilmang, — dedi. — Meni darhol shoh huzuriga olib kiring, men shoh hazratlari ko‘rgan tushni ta’birlab beraman.
25. Oriyox zudlik bilan Doniyorni shoh huzuriga olib kirib: — Ey, olampanoh, kaminangiz Yahudo asirlari orasidan tushingizni ta’birlab beradigan bir odamni topib keldi, — dedi.
26. Shoh Doniyorga yuzlanib (Doniyorning boshqa ismi Beltashazar edi): — Sen menga ko‘rgan tushimni hamda uning ta’birini aytib bera olasanmi? — dedi.
27. Doniyor shohga shunday javob berdi: — Ey, hazrati oliylari, na saroy maslahatchisi, na munajjim, na folbin, na rammol buning uddasidan chiqa oladi.
28. Lekin samoda shu kabi sirlarni oshkor qila oladigan bir Xudo bordir. U sizga, ey, shoh hazratlari, oxiratda bo‘ladigan narsalarni ayon qilmoqchi. Siz tushingizda ko‘rgan vahiy quyidagicha edi:
29. Ey, olampanoh, siz uxlab, kelajak haqida bir tush ko‘rdingiz. Bu tush orqali sirlarni oshkor qiluvchi Xudo sizga kelajakda ro‘y beradigan narsalarni ayon qildi.
30. Bu sirning menga ochilganligi esa donoligim boshqalarnikidan ziyoda bo‘lgani uchun emas, balki shohanshohim ko‘rgan tushining ta’birini bilib, uning ma’nosini tushunishlari uchundir.
31. Ey, shoh hazratlari, tushingizda siz bahaybat bir haykal ko‘rdingiz. Oldingizda turgan o‘sha ulkan haykalning ko‘rinishi nihoyatda yarqiroq va qo‘rqinchli edi.
32. Haykalning boshi toza oltindan, ko‘krak va qo‘llari kumushdan, beli va sonlari bronzadan,
33. boldirlari temirdan, oyoqlarining bir qismi loydan, bir qismi temirdan edi.
34. Unga qarab turganingizda, tog‘dan o‘z–o‘zidan uzilgan bir tosh dumalab kelib haykalning loy va temirdan bo‘lgan oyoqlariga urildi–da, ularni parcha– parcha qildi.
35. Temir, loy, bronza, kumush va oltin parchalanib, yozgi xirmonlardagi to‘ponday bo‘ldi. Shamol ularni uchirib ketib, hech bir asar qoldirmadi. Haykalga urilgan tosh esa katta tog‘ bo‘lib, butun yer yuzini qopladi.
36. Bu siz ko‘rgan tush edi. Endi esa shoh hazratlari tushining ta’birini eshitsinlar.
37. Ey, shoh hazratlari, siz kabi buyuk hukmdorni dunyo hali ko‘rmagan. Samoviy Xudo sizga saltanat, kuch– qudrat va shon–shuhrat ato qilgandir.
38. U sizga yerda yashovchi barcha insonlarni, hatto dashtdagi yovvoyi hayvonlaru osmonda uchuvchi qushlarni tobe qilgan, ular ustidan hukmronligingizni mustahkam o‘rnatgan. Tilla bosh — Sizsiz.
39. Ammo sizdan keyin jahon sahnasiga boshqa buyuk bir shohlik chiqadi. Bu shohlik siznikidan zaifroq bo‘ladi. So‘ng haykalning bronza beli va sonlari bilan ifodalangan uchinchi shohlik hukmronlik qiladi.
40. Undan keyin temirday qattiq to‘rtinchi shohlik bo‘ladi. Temir hamma narsani sindirib yo‘q qilganiday, o‘sha shohlik ham undan oldingi shohliklarni buzib, yo‘q qiladi.
41. Siz haykalning oyoqlari va oyoq barmoqlari bir qismi loydan, bir qismi temirdan ekanligini ko‘rdingiz, bu bo‘lingan shohlik bo‘ladi. Loy temir bilan qorilgani uchun bu shohlikda biroz temirning kuchi bo‘ladi.
42. Shohlik ayrim jihatdan kuchli, ayrim jihatdan zaif bo‘ladi.
43. Temir bilan loyning qorishmasi yana shundan dalolat beradiki, o‘sha zamon hukmdorlari quda–andachilik yo‘li bilan shohliklarini mustahkam qilmoqchi bo‘ladilar, ammo temir loy bilan qovushmagani kabi, ular ham bir–biri bilan qovusha olmaydilar.
44. O‘sha shohlarning davrida Samoviy Xudo bitmas– tuganmas bir shohlik o‘rnatadi. Hech kim uni yenga olmaydi. Bu shohlik boshqa barcha shohliklarni yer bilan yakson qilib, o‘zi abadiy turadi.
45. Tog‘dan o‘z–o‘zidan dumalab tushib, temir, bronza, loy, kumush va oltinni parchalab tashlagan tosh o‘sha shohlikning ifodasidir. Buyuk Xudo sizga, ey, shoh hazratlari, kelajakda sodir bo‘ladigan narsalarni ayon qildi. Siz ko‘rgan tushingiz haqiqatdan ham karomatli, ta’biri esa ro‘y rostdir.
46. Shoh Navuxadnazar muk tushib Doniyorga sajda qildi. So‘ng odamlariga Doniyor oldida nazrlar keltirib, hushbo‘y tutatqilar tutatishni buyurdi.
47. Shoh Doniyorga dedi: — Chindan ham sening Xudoying sirlarni oshkor qiluvchi eng buyuk Xudodir, U shohlarning haqiqiy Egasidir, chunki bu sirni menga faqat sen oshkor qila olding!
48. Shoh Doniyorni yuqori mansabga ko‘tarib, ko‘pdan–ko‘p in’omlar taqdim qildi, uni Bobil viloyatining hokimi va saroy maslahatchilarining boshlig‘i qilib tayinladi.
49. Doniyorning iltimosiga binoan shoh Bobil viloyatining boshqaruvini Shadrax, Meshax va Abednaxuga topshirdi. Doniyorning o‘zi esa shoh saroyida xizmat qilib qoldi.
1. Shoh Navuxadnazar sof oltindan ulkan bir haykal yasattirdi. Balandligi oltmish tirsak, eni esa olti tirsak bo‘lgan bu haykal Bobil viloyatidagi Durax tekisligida o‘rnatildi.
2. So‘ng qo‘li ostidagi barcha noiblar, hokimlar, beklar, a’yonlar, xazinabonlar, qozilar, ma’murlar va viloyatlarning amaldorlarini chaqirtirib, o‘rnatgan haykalning ochilishida qatnashishlarini buyurdi.
3. Bu barcha amaldorlar shoh Navuxadnazar o‘rnatgan haykalning ochilishiga yig‘ilganlarida,
4. jarchi baland ovozda shunday e’lon qildi: “Ey, barcha xalqlar, elatlar va urug‘lar!
5. Hozir sozandalarimiz karnay, nay, lira, chang, arfa, doira va boshqa cholg‘u asboblarini chaladilar, sizlar esa muk tushib shoh Navuxadnazar o‘rnatgan oltin haykalga sajda qilasizlar.
6. Kimki muk tushib sajda qilmasa, o‘sha zahotiyoq olovli chuqurlikka tashlanadi.”
7. Cholg‘u asboblarining sadolarini eshitgach, barcha xalqlar, elatlar va urug‘lar muk tushib, shoh Navuxadnazar o‘rnatgan haykalga sajda qildilar.
8. Yahudiylarni qoralash niyatida yurgan ayrim Bobilliklar uchun qulay bir vaziyat tug‘ilgan edi. Bunday fursatni boy bermaslik uchun ular
9. shoh Navuxadnazarga shunday dedilar: “Shoh hazratlarining umri boqiy bo‘lsin!
10. Ey, shoh hazratlari, siz bergan amringizga binoan cholg‘u asboblarining sadolarini eshitgan har bir odam muk tushib oltin haykalga sajda qilishi kerak edi, shunday emasmi?
11. Siz, amrimga itoat qilmagan har qanday kishi olovli chuqurlikka tashlanadi, deb aytgan edingiz.
12. Ammo ayrim yahudiylar, xususan siz Bobil viloyatiga hokim qilib tayinlagan Shadrax, Meshax va Abednaxu shoh hazratlarining amriga bo‘ysunmadilar. Bu odamlar xudolaringizga sig‘inmaydilar, ular hatto siz o‘rnatgan oltin haykalga sajda qilishni ham o‘zlariga ep ko‘rmadilar.”
13. Bu xabardan g‘azablanib ketgan Navuxadnazar Shadrax, Meshax va Abednaxuni o‘z huzuriga keltirishni buyurdi. Ular shoh huzuriga keltirilganda,
14. Navuxadnazar ularga dedi: — Shadrax, Meshax va Abednaxu, sizlar mening xudolarimga sig‘inmaganingiz va men o‘rnatgan oltin haykalga sajda qilmaganingiz to‘g‘risida xabar topdim.
15. Ammo men sizlarga lutf aylab yana bir imkoniyat beraman. Hozir cholg‘u asboblarining sadolarini eshitishingiz bilanoq, muk tushib men o‘rnatgan haykalga sajda qilasizlar. Aks holda o‘sha zahotiyoq olovli chuqurlikka tashlanasizlar. Shunda sizlarni mening qo‘limdan bironta xudo ham qutqara olmaydi!
16. Shadrax, Meshax va Abednaxu shohga shunday javob berishdi: — Ey, olampanoh, bu masalada biz o‘zimizni oqlamoqchi emasmiz.
17. Biz sig‘inadigan Xudo bizni olovli chuqurlikdan ham, sizning qo‘lingizdan ham qutqarishga qodir.
18. Ammo U bizni qutqarmagan taqdirda ham, bilib qo‘yingki, ey, shoh hazratlari, biz hech qachon xudolaringizga sig‘inmaymiz, siz o‘rnatgan oltin haykalga ham sajda qilmaymiz.
19. Shadrax, Meshax va Abednaxuning bunday javobi Navuxadnazarning qonini qaynatdi. Uning afti–basharasi burishib ketdi. U olovni odatdagidan yetti barobar qattiqroq yondirishni buyurdi.
20. So‘ng lashkarlarining orasidagi eng kuchli polvonlarga Shadrax, Meshax va Abednaxuni bog‘lab, olovli chuqurlikka tashlashni amr qildi.
21. Polvonlar ularni bog‘lab, ustki kiyimi, ishtoni, bosh kiyimi, xullas, butun ust–boshi bilan olovli chuqurlikka tashladilar.
22. G‘azablangan shoh qattiq olov yondirishni buyurgani uchun, alanga avjiga chiqqan edi. Olovning tafti uch og‘aynini chuqurlikka tashlayotgan polvonlarni kuydirib yubordi.
23. Shadrax, Meshax va Abednaxu esa bog‘langan holda olovli chuqurlikka yiqildilar.
24. Buni tomosha qilib turgan shoh Navuxadnazar birdaniga o‘rnidan sapchib turdi–da, hayrat ichra maslahatchilariga: — Biz chuqurlikka uchta bog‘langan odamni tashlamaganmidik? — deb hayqirib yubordi. — Xuddi shunday, shoh hazratlari, — deb javob berdi ular.
25. — Vo ajabo! Alanganing o‘rtasida bog‘lanmagan to‘rtta odam yuribdi–ku, — dedi shoh. — Ularning birortasiga ham zarar yetmagan. To‘rtinchi kimsa xuddi ilohiy zotga o‘xshaydi– ya!
26. Navuxadnazar chuqurlikning og‘ziga borib: — Shadrax, Meshax va Abednaxu, ey, Xudoyi Taoloning xizmatkorlari, qani, chiqinglar! Oldimga kelinglar! — deb baqirdi. Shadrax, Meshax va Abednaxu alanga orasidan chiqishdi.
27. Barcha noiblar, hokimlar, beklar va shoh a’yonlari Shadrax, Meshax va Abednaxuni o‘rab olib, olov o‘sha odamlarga hech qanday ziyon yetkazmaganligini ko‘rishdi. Ularning na sochlari kuygan, na ustki kiyimlariga zarar yetgan, ulardan hatto tutun hidi ham kelmas edi.
28. Navuxadnazar dedi: “Shadrax, Meshax va Abednaxuning Xudosiga hamdu sanolar bo‘lsin! U o‘z farishtasini yuborib, O‘ziga inongan qullarini xalos qildi. Ular o‘z Xudosidan boshqa bo‘lgan xudolarga sig‘inishdan ko‘ra, o‘limni ravo ko‘rdilar, shu bois shohning amriga ham bo‘ysunmadilar.
29. Shuning uchun farmonim quyidagichadir: Shadrax, Meshax va Abednaxuning Xudosiga shak keltirgan har bir odam qaysi xalq, elat yoki urug‘ga mansub bo‘lishidan qat’iy nazar chopib, tashlanadi, uning uyi esa vayron qilinadi. Zero, bunday najot beradigan boshqa xudo yo‘qdir.”
30. Keyin shoh Shadrax, Meshax va Abednaxuning martabasini yanada oshirib, ularni Bobil viloyatidagi yuqori lavozimlarga ko‘tardi.
31. Shoh Navuxadnazar yer yuzidagi barcha xalqlar, elatlar va urug‘larga quyidagi xabarni yubordi: “Xonadoningizdan baraka arimasin!
32. Xudoyi Taolo menga ko‘rsatgan alomatu mo‘jizalari haqida sizlarni xabardor qilmoqchiman.
33. Naqadar buyukdir Uning alomatlari! Naqadar qudratli mo‘jizalari! Uning shohligi — mangu shohlik bo‘lur, U abadiy hukmronlik qilur.
1. Men, Navuxadnazar, o‘z uyimda xotirjam, shohona saroyimda rohat–farog‘atda yashayotgan edim.
2. Ammo bir kuni kechasi ko‘rgan tushim yuragimga allaqanday vahima soldi. Bu tushim meni dahshatga tushirgan edi.
3. Men tushimning ta’birini bilishni istab, Bobildagi hamma saroy maslahatchilarini huzurimga keltirishni buyurdim.
4. Qoshimda hozir bo‘lgan folbin, munajjim, afsungar va rammollar tushimni eshitdilar–u, ammo uni ta’birlay olmadilar.
5. Nihoyat, Doniyor keldi (uning Beltashazar degan ismi men sig‘inadigan xudoning ismi bilan hamohangdir). Doniyor muqaddas xudolarning ruhi bilan to‘ladir. Men unga tushimni aytib berdim:
6. — Ey, Beltashazar, folbinlarning boshlig‘i, senda muqaddas xudolarning ruhi borligi menga ayon, har qanday sir senga oshkordir. Ko‘rgan tushimning ta’birini menga aytib ber.
7. Tushimda men dunyoning qoq o‘rtasida o‘sayotgan bir daraxtni ko‘rdim. U nihoyatda ulkan edi.
8. Daraxt o‘sib borib uchi bilan osmonga yetdi. Daraxtni dunyoning to‘rt burchagidan turib ko‘rsa bo‘lar edi.
9. Uning yaproqlari nihoyatda chiroyli, mo‘l mevalari butun dunyoni ta’min qilar edi. Yovvoyi hayvonlar uning tagida pana topar, osmondagi qushlar shoxlarida in qurar, yer yuzidagi barcha mavjudot undan oziqlanar edi.
10. Men to‘shagimda yotib, kelgan vahiyni tomosha qilayotganimda, osmondan kuzatuvchi bir farishta tushib keldi.
11. U ovozini baland qilib shunday dedi: “Daraxtni yiqitinglar, shoxlarini chopib tashlanglar, yaproqlarini uzib, mevalarini sochib yuboringlar. Tagidagi hayvonlarni haydanglar, shoxlardagi qushlarni uchiringlar.
12. Ammo daraxtning to‘nkasi va ildizlariga tegmanglar, ularni temir va bronza bilan zanjirlab, mayin dasht o‘tlari orasida qoldiringlar. Daraxt timsolidagi bu odam osmondan tushgan shudringga cho‘milsin, yovvoyi hayvonlar bilan yashab, nasibasini dasht o‘tlari orasidan terib yesin.
13. Undan inson ongi olib tashlansin. U yetti yil mobaynida ongsiz hayvonday yashasin.
14. Bu hukmni kuzatuvchi farishtalar chiqarishdi, toki har bir mavjudot Xudoyi Taoloni inson saltanatining yagona Hukmdori deb bilsin. U shohlikni xohlagan odamiga berar, xokisor qashshoqni taxtga o‘tqazar.”
15. Men, Navuxadnazar, ko‘rgan tushim mana shudir. Endi sen, Beltashazar, menga uning ta’birini aytib ber, chunki saroy maslahatchilari tushimni ta’birlay olmadilar. Sen esa buning uddasidan chiqasan, chunki senda muqaddas xudolarning ruhi bor.
16. So‘ng Beltashazar, ya’ni Doniyor bir qancha vaqt o‘ziga kelolmay turdi. Mening tushim uni dahshatga tushirar edi. — Beltashazar, tushim va uning ta’biri seni dahshatga solmasin, — dedim unga men. — Hazratim, — deb gapini boshladi Beltashazar. — Iloyim, bu tushingiz va uning ta’biri dushmanlaringiz boshiga tushsin!
17. Siz, uchi osmon bilan o‘pishgan baland bir daraxtni ko‘rdingiz. Bu daraxt shu qadar ulkan ediki, uni dunyoning to‘rt burchagidan turib ko‘rsa bo‘lar edi.
18. Uning yaproqlari nihoyatda chiroyli, mo‘l mevalari butun dunyoni ta’min qilar edi. Tagida yovvoyi hayvonlar yashar, osmondagi qushlar shohlarida in qurar edi.
19. O‘sha ulkan daraxt — sizsiz, ey, shoh hazratlari! Siz yer yuzida hokimiyatingizni o‘rnatib, shuhratingizni osmonu falaklarga yoygansiz.
20. Tushingizda siz, ey, hazrati oliylari, osmondan tushib kelayotgan kuzatuvchi farishtani ham ko‘rdingiz. Farishta: “Daraxtni yiqitib, yo‘q qilinglar”, deb buyruq berdi. “Ammo to‘nka va ildizlariga tegmanglar, ularni temir va bronza bilan zanjirlab, dasht o‘tlari orasida qoldiringlar. Yetti yil davomida u osmondan tushgan shudringga cho‘milib, yovvoyi hayvonlar bilan birga yashasin.”
21. Tush ta’biri shundaydir: Xudoyi Taoloning amriga muvofiq bularning barchasi kelajakda boshingizga tushadi.
22. Siz insonlar jamiyatidan haydalib, yovvoyi hayvonlar orasida yashaysiz. Xudoyi Taolo inson saltanatining yagona Hukmdori ekanini va U taxtni xohlagan odamiga berishini anglab yetmaguningizcha yetti yil davomida molga o‘xshab o‘t yeb, osmondan tushgan shudringga cho‘milasiz.
23. Ammo daraxt to‘nkasi va ildizlari qoldirilganligi shundan dalolat beradiki, siz Xudoni Oliy Hukmdor sifatida tan olganingizdan keyin, shohligingiz qayta tiklanadi.
24. O‘tinaman sizdan, ey, shoh hazratlari, maslahatimni rad etmang: gunohlaringizdan yuz o‘girib, to‘g‘rilikni mahkam tuting, yomon qilmishlaringizdan voz kechib, ezilganlarga iltifot qiling. Kim bilsin, balki shunda davlatingiz ravnaqi davom etar.
25. Bularning hammasi mening boshimga tushdi.
26. O‘n ikki oylardan keyin, men, Navuxadnazar, Bobildagi saroyimning tomida sayr qilib yurgan edim.
27. Shunda shaharga nazar tashlab: — O‘z qudratim bilan qurdirgan shohona poytaxt Bobilni bir ko‘rib qo‘yinglar–a! — dedim, — cheksiz kuchim va dabdabali ulug‘vorligim bu shaharda aks ettirilgan.
28. Bu so‘zlar og‘zimdan chiqib ulgurmagan ham ediki, osmondan bir ovoz keldi: — Ey, shoh Navuxadnazar, gapimga quloq sol! Sen taxtingdan tushirilding!
29. Sen insonlar jamiyatidan haydalib, yovvoyi hayvonlar bilan yashaysan. Xudoyi Taolo — inson saltanatining yagona Hukmdori ekanini va U taxtni xohlagan odamiga berishini uqmaguningcha, yetti yil davomida molga o‘xshab o‘t yeb yurasan.
30. Menga aytilgan bu karomatli so‘zlar o‘sha zahotiyoq amalga oshdi. Men insonlar jamiyatidan haydaldim. Mol kabi o‘t yeb, osmondan tushgan shudringga cho‘mildim. Sochlarim burgut qanotlariday uzun, tirnoqlarim qushning changallariday bo‘lguniga qadar, hayotim shu zaylda davom etdi.
31. Belgilangan muddat tugagach, men ko‘zimni osmonga tikdim, o‘sha zahotiyoq es–hushim o‘zimga qaytib keldi. Men Xudoyi Taologa shukronalar aytdim, mangu yashovchini olqishlab, ulug‘ladim: Zero, abadiydir Uning hukmronligi, Avlodlar oshadir Uning shohligi.
32. Yerdagi insonlar Uning nazdida hech narsadaydir, Insonlaru malaklarga U hukmini o‘tkazgaydir. Biror kimsa Unga bas kela olmas, “Nima qilyapsan?” — deb so‘rashga jur’at etmas.
33. Es–hushim qaytib kelganidan so‘ng, shohligim, obro‘–e’tiborim hamda shuhratim tiklandi. Maslahatchi va beklarim meni qidirib kelishdi. Men qayta taxtga o‘tirdim, ulug‘vorligim esa oldingidan ham oshdi.
34. Endi men, Navuxadnazar, Samoviy Shohga hamdu sanolar aytaman, Uni olqishlab, ulug‘layman. Uning hamma ishlari to‘g‘ri, chiqargan hukmlari adolatlidir, U dimog‘i shishganlarning popugini pasaytirishga qodirdir.”
1. Oradan yillar o‘tdi. Bir kuni shoh Belshazar mingta begi uchun katta bir ziyofat uyushtirib, ular bilan mayxo‘rlik qilayotgan edi.
2. Shirakayf bo‘lib qolgan shoh: “Katta bobom Navuxadnazar Quddusdagi Ma’baddan olib kelgan oltin va kumush qadahlar keltirilsin!” — deb buyurdi. Shoh beklari, xotinlari va kanizaklari bilan o‘sha qadahlardan sharob ichmoqchi edi.
3. Quddusdagi Ma’bad, ya’ni Xudoning uyidan olib kelingan oltin qadahlar bazmxonaga keltirildi. Shohning o‘zi, uning beklari, xotinlari va kanizaklari qadahlardan sharob ichishdi.
4. Ular ichib, oltin, kumush, bronza, temir, yog‘och va toshlardan qilingan xudolarni olqishlar edilar.
5. To‘satdan odam qo‘lining panjasi paydo bo‘lib, shoh saroyining devorlaridagi suvoqning ustida yoza boshladi. Saroy chiroqlari devorning o‘sha qismini yaxshi yoritib turgani uchun, shoh yozayotgan qo‘l panjasini ko‘rib qoldi.
6. Shoh ko‘rgan bu narsadan dahshatga tushib, bo‘zarib ketdi. Uning qo‘llari bo‘shashib, tizzalari titray boshladi.
7. Shoh baqirib, munajjim, afsungar va rammollarni keltirishni buyurdi. Ular hozir bo‘lganlarida, shoh shunday dedi: “Kim bu yozuvni o‘qib, uning ma’nosini menga tushuntirib bersa, men o‘sha odamning ustiga shohona safsar to‘n kiygizaman, bo‘yniga oltin zanjir taqib, chap qo‘l vazirim qilib tayinlayman.”
8. Shohning bu maslahatchilari ichkariga kirganlaridan keyin ham yozuvni o‘qiy olmadilar, uning ma’nosini ham tushuntirib bera olmadilar.
9. Bundan qattiq vahimaga tushgan shoh Belshazarning rangida rang qolmadi, beklari esa talmovsirab qolishdi.
10. Ichkaridagi shovqin–suronni eshitib, bazmxonaga kirgan ona malika: “Shoh hazratlarining umri boqiy bo‘lsin! — dedi. — Shohim, shunchalik ham qo‘rqasizmi, qarang, axir, rangingizda rang qolmadi–ku!
11. Sizning shohligingizda muqaddas xudolarning ruhiga to‘lgan bir odam bor. Katta bobongiz davrida bu odam idrokli, zehni o‘tkir va xudolar kabi dono deb tan olingan edi. Katta bobongiz — shoh Navuxadnazar uni folbin, munajjim, afsungar va rammollarning boshlig‘i qilib tayinlagan edilar.
12. Doniyor ismli bu odam tushlarni ta’birlashda, sirlarni ochishda va jumboqlarni yechishda g‘ayritabiiy qobiliyat, bilim va fahm–farosatga egadir. Katta bobongiz uni Beltashazar deb atagan edi. Shohim, buyuring, Doniyorni bu yerga keltirishsin, u sizga bu yozuvning ma’nosini tushuntirib bergay.”
13. Doniyor shoh huzuriga keltirildi. Shoh Doniyordan: — Katta bobom Yahudodan asir qilib olib kelgan Doniyor senmisan? — deb so‘radi. —
14. Seni xudolar ruhi bilan to‘lgan, idrokli, zehni o‘tkir va dono, deb eshitdim.
15. Men maslahatchilar va munajjimlarni huzurimga chaqirtirib, ularga mana bu yozuvni o‘qib, ma’nosini tushuntirib berishni buyurgan edim. Ammo ularning birontasi ham buning uddasidan chiqa olmadi.
16. Sen esa jumboqlarni yechib, ularni tushuntira olishingni eshitganman. Agar sen hozir bu yozuvni o‘qib, uning ma’nosini menga tushuntirib bersang, men sening ustingga shohona safsar to‘n kiygizaman, bo‘yningga oltin zanjir taqib, chap qo‘l vazirim qilib tayinlayman.
17. Doniyor shoh huzurida shunday javob berdi: — Ey, olampanoh, rahmat, sovg‘alaringiz o‘zingizda qolaversin yoki ularni boshqa birovga bera qoling. Men bu yozuvni shundoq ham o‘qib, uning ma’nosini tushuntirib beraman.
18. Ey, shoh hazratlari, Xudoyi Taolo katta bobongiz Navuxadnazarni buyuk bir saltanatning taxtiga o‘tqazib, shuhratini ro‘yi zaminga yoygandir.
19. Xudo unga bergan ulug‘vorligi tufayli hamma odamlar — qaysi xalq, elat va urug‘dan bo‘lishlaridan qat’iy nazar, katta bobongizdan qo‘rqib qaltirar edilar. U xohlagan odamni o‘ldirar, xohlaganini tirik qoldirar, yuksaltirmoqchi bo‘lganini yuksaltirar, xor qilmoqchi bo‘lganini oyoq osti qilar edi.
20. Ammo mag‘rurlanib, o‘jarligi ila ish tuta boshlaganda shohona taxtidan tushirilib, ulug‘vorligidan mahrum qilingan edi.
21. U insonlar jamiyatidan haydalib, ongsiz hayvonday bo‘lib qolgandi. Yovvoyi eshaklar bilan yashab, mol singari o‘t bilan oziqlangan va osmondan tushgan shudringga cho‘milgandi. Oxiri katta bobongiz Xudoyi Taolo — inson saltanatining yagona Hukmdori ekanini va U taxtni xohlagan odamiga berishini tan olgan edi.
22. Ammo siz, ey, shoh Belshazar, katta bobongizning boshidan o‘tgan bu voqealardan xabardor bo‘la turib Xudoga bo‘ysunmadingiz!
23. Siz haddingizdan oshib, Samoviy Xudoga qarshi bosh ko‘tardingiz! Xudo Ma’badining qadahlarini huzuringizga keltirib, beklaringiz, xotinlaringiz va kanizaklaringiz bilan mayxo‘rlik qildingiz. Hech narsa ko‘rmaydigan, hech narsa eshitmaydigan, hech narsa bilmaydigan oltin, kumush, bronza, temir, yog‘och va toshdan yasalgan xudolarni madh ayladingiz. Ammo sizga hayot beruvchi va oxiratingizni belgilovchi Xudoni ulug‘lamadingiz.
24. Shuning uchun Xudo qo‘l panjasini yuborib quyidagi so‘zlarni yozdirdi:
25. MENE, MENE, TEKEL va PARSIN.
26. Buning ma’nosi quyidagicha: MENE, ya’ni “hisob”, — Xudo hukmronlik vaqtingizni hisoblab chiqib, shohligingizga yakun yasadi.
27. TEKEL, ya’ni “tortilgan”, — siz tarozida tortilib, hukmronlik qilishga nomunosib bo‘lib chiqdingiz.
28. PERES, ya’ni “bo‘lingan”, — shohligingiz bo‘linib, Midiyaliklar va Forslarga berildi.
29. So‘ng Belshazar bergan amrga binoan, Doniyorga shohona safsar to‘n kiydirilib, bo‘yniga oltin zanjir taqildi va u shohning chap qo‘l vaziri deb e’lon qilindi.
30. Xuddi o‘sha kuni kechasi Bobil shohi Belshazar o‘ldirildi.
31. Taxtga esa oltmish ikki yoshli Midiyalik Doro o‘tirdi.
1. Shoh Doro butun shohligidagi yerlarni 120 viloyatga bo‘lib, har bir viloyat ustidan noib tayinlashga qaror qildi.
2. Noiblarni nazorat qilish uchun esa uchta amirni tayinladi, ularning biri Doniyor edi. Shohni urintirmaslik uchun ular noiblardan barcha hisobotni olishlari kerak edi.
3. Doniyor boshqa amiru noiblarga qaraganda o‘z ishini yuksak mahorat bilan bajarar edi. Shuning uchun shoh butun saltanat boshqaruvini Doniyorga topshirishni rejalashtirib qo‘ygandi.
4. Buni ko‘ra olmagan amiru noiblar qildan qiyiq axtarib, Doniyorning boshqaruv ishlaridagi nuqsonlarni topishga harakat qilishdi. Ammo Doniyor o‘z ishini puxta bajarib, hech qanday mas’uliyatsizlik va nohaqlikka yo‘l qo‘ymaganligi uchun uni ayblashga biron–bir bahona ham topa olmadilar.
5. Oxiri ular bir–birlariga shunday dedilar: “Doniyorni faqatgina o‘z Xudosining qonuni bilan bog‘liq bo‘lgan holda ayblashimiz mumkin, bundan boshqa choramiz yo‘qqa o‘xshaydi.”
6. Shunda amiru noiblar shohning huzuriga borib: “Shoh Doro hazratlarining umri boqiy bo‘lsin! — dedilar.
7. — Shohlikning barcha amirlari, beklari, noiblari, a’yonlari va hokimlari shunday deb kelishdilar: shohimiz farmon joriy qilsinlar. Ey, shoh hazratlari, bu farmon bo‘yicha hamma odam o‘ttiz kun mobaynida faqatgina sizga sajda qilsin. Kimki boshqa bir xudo yoki odamga sajda qilsa, sherlar uyasiga tashlansin. Bu farmon qat’iy ravishda amalga oshirilsin.
8. Ey, shoh hazratlari, farmon chiqarib uni imzolang. Bu farmoningiz Midiya va Fors qonunlariga binoan o‘zgarmas bo‘lsin.”
9. Shoh Doro farmonni imzoladi.
10. Doniyor farmon imzolanganligini bila turib uyiga bordi. Boloxonasiga chiqib, har doim qilganiday, kuniga uch mahal tiz cho‘kib Xudoga iltijo qildi, Uni madh etib ulug‘ladi. Boloxonaning derazalari esa Quddus tomon ochilgan edi.
11. Amaldorlar bir to‘da bo‘lib Doniyorning uyiga borganlarida, Doniyor o‘z Xudosiga iltijo qilayotganini ko‘rib qoldilar.
12. Ular zudlik bilan bu haqda shohni xabardor qilish uchun shoh qoshiga bordilar. — Ey, shoh hazratlari! — deya murojaat qildi ular. — Siz farmon chiqarib, kimki o‘ttiz kun ichida mendan boshqa bironta xudo yoki odamga sajda qilsa, sherlarning uyasiga tashlanadi, deb aytmaganmidingiz? — Ha, chiqargan bu farmonim Midiya va Fors shohligining qonunlariga binoan, qat’iydir, — deya javob berdi shoh.
13. — Ey, shoh hazratlari, Yahudo asirlaridan bo‘lmish Doniyor sizni ham, siz chiqargan farmoningizni ham mensimay, kuniga uch marta o‘z Xudosiga iltijo qilyapti, — dedi ular.
14. Shoh buni eshitgach, qattiq tashvishga tushdi. U Doniyorni saqlab qolish niyatida kun botgunga qadar, qo‘lidan kelganicha harakat qildi.
15. Ammo amaldorlar shohning oldiga kelib: — Shoh hazratlari, Midiya va Fors qonunlariga binoan, siz chiqargan har bir farmon o‘zgarmas ekanligini esingizda tuting, — dedilar.
16. Shoh Doniyorni sherlarning uyasiga tashlashni buyurdi. Doniyorning o‘ziga esa: “Seni Xudoying qo‘liga topshirdim, sen doim sajda qiladigan o‘sha Xudo seni asrasin”, — dedi.
17. Tosh keltirilib, chuqurlikning og‘zi berkitib qo‘yildi. Hech kim Doniyorni sherlardan qutqara olmasin, deb shoh o‘zining va amaldorlarining tamg‘alari bilan toshni muhrlab qo‘ydi.
18. So‘ng saroyiga qaytib, kechasi bilan ro‘za tutdi. Kechqurungi vaqti chog‘lik ham ko‘ngliga sig‘may, tuni bilan uxlamay chiqdi.
19. Ertasi kuni tong otgach, shoh shosha–pisha sherlar uyasi tomon yugurdi.
20. U yerga borgach: — Hoy Doniyor, barhayot Xudoning xizmatkori! — deya kuyinib xitob qildi u. — Sen doimo sajda qilib yurgan Xudoying seni sherlardan qutqara oldimi?
21. — Shoh hazratlarining umri boqiy bo‘lsin! — dedi shohga Doniyor.
22. — Xudoyimning nazarida begunoh bo‘lganim uchun, U farishtasini yuborib sherlarning og‘izlarini berkitib qo‘ydi va sherlar menga hech qanday zarar yetkazmadilar. Sizning oldingizda ham, ey, shoh hazratlari, men biron bir aybli ish qilgan emasman.
23. Xursandchiligi ichiga sig‘magan shoh Doniyorni chuqurlikdan chiqarishni buyurdi. Doniyorni chuqurlikdan chiqargan odamlar unga hech qanday zarar yetmaganini ko‘rishdi, chunki Doniyor Xudoga inongan edi.
24. Shohning buyrug‘iga binoan, Doniyorni qoralagan odamlarni xotinu bola–chaqalari bilan birga sherlar uyasiga tashladilar. Ular chuqurlikning tubiga yetmagan ham ediki, sherlar ularga tashlanib g‘ajib tashlashdi.
25. Shoh Doro butun dunyo bo‘ylab barcha xalqlar, elatlar va urug‘larga shunday maktub yo‘lladi: “Xonadoningizdan baraka arimasin!
26. Shohligimdagi barcha odamlar Doniyorning Xudosidan qo‘rqib titrasin, chunki U barhayot va mangu Xudodir. Uning shohligi aslo qulamas, Hukmronligi hech ham tugamas,
27. Najotkoru Xaloskor Udir. Yeru ko‘kda alomatu mo‘jizalar ko‘rsatgan, Udir Doniyorni sherlardan qutqarib olgan.”
28. Shoh Doro va Fors shohi Kurushning hukmronlik davrlarida Doniyorning martabasi yana ham oshdi.
1. Bobil shohi Belshazar hukmronligining birinchi yilida Doniyor bir tush ko‘rdi. U ko‘rgan tushi haqida shunday yozdi:
2. “Men tushimda bir vahiy ko‘rdim. Osmonning to‘rt tomonidan esayotgan qattiq shamol ulkan bir dengizni to‘lqinlantirayotgan edi.
3. O‘sha dengizdan bir–biriga o‘xshamaydigan to‘rtta bahaybat maxluq chiqdi.
4. Birinchisi sherga o‘xshagan edi, uning burgut qanotlariga o‘xshagan qanotlari bor edi. Men maxluqni tomosha qilib turgan edim, birdaniga qandaydir bir kuch uning qanotlarini uzib tashladi, o‘zini esa ko‘tarib odamzodga o‘xshatib ikki oyog‘ida turg‘izib qo‘ydi. O‘sha maxluqqa inson ongi berilgan edi.
5. Ikkinchi maxluq ayiqqa o‘xshar edi. U og‘ziga uchta qovurg‘a suyaklarini tishlab olgan edi. U hamlaga shaylana boshlaganda, unga shunday buyruq berildi: — Qani, ol, to‘yguningcha go‘sht ye!
6. So‘ng qoplonga o‘xshagani paydo bo‘ldi. Bu maxluqning to‘rtta boshi va orqasida qush qanotiga o‘xshagan to‘rtta qanoti bor edi. Unga hukmronlik qilish huquqi berilgan edi.
7. Bundan keyin tundagi vahiyda men qo‘rqinchli, dahshatli va benihoya kuchli bo‘lgan to‘rtinchi maxluqni ko‘rdim. U o‘z qurbonlarini temir tishlari bilan g‘ajib, parchalab tashlardi. Qoldiqlarini esa oyoqlari bilan bosib ezardi. Uning o‘nta shoxi bo‘lgani uchun, u oldingi maxluqlardan ajralib turar edi.
8. Men maxluqning shoxlarini tomosha qilib turganimda, ularning orasidan o‘sib chiqayotgan yana bir shoxchani ko‘rdim. Unga joy berish uchun oldingi o‘nta shoxdan uchtasi tag– tugi bilan uzilib tushdi. Bu yangi o‘sib chiqqan shoxning inson ko‘zlariga o‘xshagan ko‘zlari va takabburona gapiradigan og‘zi bor edi.
9. Men taxtlarning joy–joyiga o‘rnatilganini tomosha qilib turdim, Azaliy Nuroniy o‘z joyiga o‘tirdi. Uning kiyimi qorday oq, sochlari esa oppoq momiqday edi. Uning taxti otashin alanga, taxtining g‘ildiraklari lovullagan olov edi.
10. Uning huzuridan olovli daryo oqib chiqdi. Minglar Unga xizmat qilar edi, million–millionlar amriga muntazir edi. Sud majlisi boshlandi, hamma kitoblar ochildi.
11. Kichkina shoxning kibrlanib shang‘illashi mening e’tiborimni tortgan edi. Men uni tomosha qilayotganimda o‘sha to‘rtinchi maxluq o‘ldirildi, uning jasadi olovga tashlanib, kuydirib yuborildi.
12. Qolgan maxluqlarga kelsak, ularning hukmronligi yo‘q qilindi, ammo hayotlari ma’lum bir vaqtgacha saqlab qolindi.
13. Tunda kelgan o‘sha vahiyda men osmon bulutlarida kelayotgan inson qiyofasidagi bittasini ko‘rdim. U Azaliy Nuroniy oldiga keldi.
14. Unga hukmronlik, ulug‘vorlik va shohlik berildi. Barcha xalqlar, elatlar va urug‘lar unga bo‘ysunishdi. Uning hukmronligi bitmas–tuganmas, abadiy hukmronlikdir. Uning shohligi hech qachon buzilmasdir.
15. Men ko‘rgan bu vahiy yuragimga g‘ulg‘ula solib, allanechuk vahimaga tushirgan edi.
16. Men taxt yonida turganlarning bittasiga yaqinlashib, bularning hammasini tushuntirib berishini so‘radim. U menga vahiyning ma’nosini ochib, dedi:
17. — Sen ko‘rgan to‘rtta maxluq — bu yer yuzida hukmronlik qiladigan to‘rtta shohlikdir.
18. Ammo Xudoyi Taoloning aziz odamlari shohlikni qabul qilib, unga to abad ega bo‘ladilar.
19. Men to‘rtinchi maxluq haqida ko‘proq ma’lumot olishni xohlar edim, chunki u boshqa maxluqlardan ajralib turar edi. Temir tishlari va bronza changallari bo‘lgan bu badbashara maxluq qurbonlarini g‘ajib tilka–pora qilar, qoldiqlarini bosib ezardi.
20. Uning boshidagi o‘nta shoxi, ayniqsa yangi o‘sib chiqqan shox meni juda qiziqtirib qolgan edi. O‘sha shox o‘sib chiqayotganda o‘rnidagi uchta shoxni tushirib yuborgan edi. Ko‘zlari va kibrlanib gapiradigan og‘zi bo‘lgan bu shox boshqa shoxlarga qaraganda ko‘proq ahamiyatga egaday bo‘lib ko‘rinar edi.
21. Bundan tashqari, vahiyda men o‘sha shoxning Xudoning aziz odamlari bilan jang qilayotganini va ularni yengayotganini ko‘rgan edim.
22. Shu orada Azaliy Nuroniy kelib, O‘zining aziz odamlari foydasiga hukm chiqardi. Xudoning aziz odamlari uchun shohlikni o‘z tasarrufiga olish vaqti yetib kelgan edi.
23. Suhbatdoshim menga shunday dedi: — To‘rtinchi maxluq — bu yer yuzida hukmronlik qiladigan to‘rtinchi shohlikning timsolidir. Bu shohlik boshqa shohliklardan ajralib turadi. U butun dunyoni g‘ajib, ezib parcha–parcha qiladi.
24. Maxluqning o‘nta shoxi — shohlikni boshqaradigan o‘nta shohdir. Keyinchalik taxtga yangi bir shoh o‘tiradi. Bu shoh oldingi o‘nta shohdan ajralib turadi va uchta shohni taxtdan tushiradi.
25. U kufr ketib, Xudoyi Taoloning aziz odamlarini ayovsiz ezadi. Muqaddasbayramlar va qonunlarni o‘zgartirishga urinadi. Xudoning aziz odamlari uch yarim yil davomida, o‘sha shohning zulmi ostida bo‘ladilar.
26. Bu muddat tugagach, samoda sud majlisi boshlanadi. Zolim shoh taxtdan tushirilib, butunlay yo‘q qilinadi.
27. Xudoyi Taoloning aziz odamlariga esa shohlik, hukmronlik va yer yuzidagi barcha saltanatlarning ulug‘vorligi beriladi. Hamma hukmdorlar ularga bo‘ysunib, xizmat qiladilar, ularning shohligi abadiy shohlik bo‘ladi.
28. Ko‘rgan, eshitganlarim mana shudir. Bu tushimdan shu qadar vahimaga tushgan edimki, rangimda rang qolmagan edi. Ammo bular to‘g‘risida og‘iz ochmay, hammasini ichimga yutdim.”
1. Doniyor shunday deb yozdi: “Shoh Belshazar hukmronligining uchinchi yilida menga yana bir vahiy keldi.
2. Bu vahiyda men Elam viloyatidagi Shushan qal’asida, Uloy daryosining bo‘yida turgan ekanman.
3. Men daryo bo‘yida bir qo‘chqor turganini ko‘rdim. Uning ikkita uzun–uzun shoxlari bor ekan. Ikkinchi bo‘lib chiqqan shox birinchisiga qaraganda uzunroq ekan.
4. Qo‘chqor o‘zini g‘arb, shimol va janubga urib, yo‘lida duch kelgan hamma narsani suzar edi. Hech qanday hayvon unga bas kela olmas, uning qurbonlarini qutqara olmas edi. Qo‘chqor xohlagan ishini qilar, kuchi tobora oshib borar edi.
5. Buni tomosha qilib turganimda, g‘arb tomondan bir taka ko‘rindi. Yelday uchib kelayotgan bu takaning tuyoqlari go‘yo yerga tegmayotganday tuyular edi. Uning ko‘zlari orasida ulkan bir shox bor edi.
6. U quturganicha qo‘chqor tomon yugurdi–da,
7. qahr–g‘azab bilan unga tashlanib, suzdi. Takaning zarbasi zo‘rligidan, qo‘chqorning ikkala shoxi sinib tushdi. Qo‘chqor takaga bas kela olmadi. Taka uni yerga yiqitib toptadi, hech kim qo‘chqorni undan qutqara olmas edi.
8. Taka nihoyatda kuchayib ketdi, ammo kuch– qudrat cho‘qqisida uning ulkan shoxi sinib tushdi. Sinib tushgan shoxning o‘rniga dunyoning to‘rt tomoniga qayrilgan to‘rtta katta shox o‘sib chiqdi.
9. Ularning biridan yana bitta shoxcha chiqdi. Uning kuch–qudrati oshib, janub, sharq va go‘zal Isroil o‘lkasi tomon yoyildi.
10. Qudrati osmonu falakka yetgan bu shox samoviy lashkarlarga hujum qildi. Samoviy lashkarlar bo‘lmish yulduzlarning ayrimlarini yerga tushirib toptadi.
11. Hatto samoviy lashkarning sarkardasini mensimay, unga keltiriladigan kundalik qurbonliklarni to‘xtatdi. Ma’badni esa vayron qilib,
12. samoviy lashkarlarni mag‘lub qildi. Kundalik qurbonliklar o‘rniga haddan tashqari jirkanch bir narsani o‘rnatdi. Haqiqatni oyoq osti qilgan bu shox har bir ishida muvaffaqiyat qozonar edi.
13. Keyin men farishtalar o‘zaro gaplashayotganini eshitib qoldim. Ularning biri boshqasidan shunday deb so‘raganini eshitdim: — Vahiydagi bu narsalar qachongacha davom etar ekan–a? Qachongacha bu jirkanch narsa kundalik qurbonliklar o‘rnini egallaydi? Qachongacha Ma’bad va samoviy lashkarlar oyoq osti bo‘ladi?
14. Sherigi unga shunday javob berdi: — Bunday ahvol 2300 kechayu kunduz davom etadi. O‘sha vaqt mobaynida qurbonliklar keltirilmaydi. Shundan so‘ng Ma’bad poklanib, asl holiga qaytariladi.
15. Men ko‘rgan vahiyning mag‘zini chaqmoqchi bo‘lib, boshimni qotirib turganimda, birdaniga oldimda odam qiyofasidagi allakim paydo bo‘ldi.
16. Shu paytda men Uloy daryosi tomonidan: — Ey, Jabroil, bu odamga vahiyning ma’nosini tushuntirib ber, — deb xitob qilayotgan inson ovozini eshitdim.
17. Jabroil menga yaqinlashganda, men qo‘rqqanimdan yuz tuban yerga yiqilib tushdim. Ammo u menga: — Tushungin, ey, banda, bu oxirzamon vahiysi, — dedi.
18. U gapirayotganda men hushimdan ketib, yuz tuban yerda cho‘zilib yotgan edim. Ammo u qo‘lini tekkizib, meni turg‘izib qo‘ydi–da,
19. shunday dedi: — Eshit, men senga oxirzamon paytida sodir bo‘ladigan narsalarni ayon qilaman, o‘sha davrda Xudo o‘z g‘azabini yer yuziga sochishni belgilagandir.
20. Sen ko‘rgan ikki shoxli qo‘chqor — bu Midiya va Fors shohliklaridir.
21. Taka esa Yunoniston shohligidir. Ko‘zlarining orasidagi ulkan shox — bu Yunoniston taxtida o‘tiradigan birinchi shohdir.
22. Sinib tushgan shoxning o‘rniga chiqqan to‘rtta shox — Yunoniston to‘rt qismga bo‘linishini bildiradi. Taxtga o‘tirgan to‘rtta shoh oldingi shohga qaraganda zaifroq bo‘ladi.
23. Ularning hukmronlik paytlari oxirlab, gunohlari to‘lib–toshganda, makr–hiylaga usta, vajohati xunuk bir shoh taxtga o‘tiradi.
24. U nihoyatda kuchayib ketadi, biroq o‘zining kuchi bilan emas. U hamma yoqni vayron qilib, barcha ishlarida muvaffaqiyat qozonadi. Zabardast yo‘lboshchilaru Xudoning aziz odamlarini qirib tashlaydi.
25. Ustalik bilan ishlatgan makkorligi tufayli ko‘p yutuqlarga erishadi. Ko‘zini yog‘ bosgan bu shoh ogohlantirmasdan ko‘p odamlarni halok qiladi. U hatto eng buyuk Shohga qarshi bosh ko‘taradi. Oqibatda esa yo‘q qilib tashlanadi, ammo bu insonning kuchi bilan qilinmaydi.
26. Doniyor, men hozir senga tushuntirib bergan ertalabki va kechqurungi qurbonliklarga oid bo‘lgan bu vahiy albatta amalga oshadi. Sen vahiyni sir tutgin, chunki bu uzoq kelajakka oid narsadir.
27. Bu voqeadan so‘ng tobim qochib, bir necha kun betob bo‘lib yotdim. Keyin turib shohning xizmatiga qaytdim. Ammo vahiy meni tamomila esankiratib qo‘ygan edi. Men uning ma’nosini tushunmagan edim.
1. Bobil taxtiga o‘tirgan Midiyalik Axashverash o‘g‘li Doro hukmronligining ilk davri.
2. Men Doro hukmronligining dastlabki yilida payg‘ambarlar yozib qoldirgan bitiklarni mutolaa qilishga kirishgan edim. Egamiz payg‘ambar Yeremiyoga aytgan so‘zlariga ko‘ra, Quddus yetmish yil davomida xarob bo‘lib yotishini bilib oldim.
3. Shunda men Rabbiy Xudoga yolvordim, ro‘za tutib, qanorga o‘randim, kulga belanib, iltijo qildim.
4. Men Egam Xudoga ibodat qilib, xalqimning gunohlari uchun shunday deb tavba qildim: Yo Rabbiy, Sen buyuk va haybatli Xudosan! Seni sevib, amrlaringga rioya qilgan bandalaringga Sen ahdingni sodiq saqlaysan.
5. Ammo biz nohaqlik qilib, gunohga qo‘l urdik. Qabih ishlar qilib, Senga qarshi bosh ko‘tardik, amrlaru qonun– qoidalaringni unutib,
6. shohlarimizga, rahnamolarimizga, ota–bobolarimizga va avom xalqqa Sening nomingdan gapirgan xizmatkorlaring — payg‘ambarlarga biz quloq solmadik.
7. Sen haqsan, yo Rabbiy. Biz esa bugun sharmanda bo‘ldik. Biz Senga xiyonat qilganimiz uchun, Sen hammamizni — Yahudo va Quddus aholisini hamda butun Isroil xalqini yaqin va uzoq yurtlarga tarqatib yuborgansan.
8. Ey, Egam, biz Senga qarshi gunoh qilganimiz uchun shohlarimiz, rahnamolarimiz, ota–bobolarimiz, biz — hammamiz sharmanda bo‘ldik.
9. Yo Rabbimiz Xudo, biz Senga qarshi bosh ko‘targan bo‘lsak ham, Sen gunohlarimizni kechiruvchi, rahmdil Xudosan.
10. Ey, Egamiz Xudo, biz Senga itoat etmadik! Sen xizmatkorlaring bo‘lmish payg‘ambarlar orqali bizga qonunlar berding, ammo biz ularga rioya qilmadik.
11. Butun Isroil xalqi qonuningni buzib, haq yo‘ldan ozdi, Senga quloq solishni xohlamadi. Biz Senga qarshi gunoh qilganimiz uchun, quling Musoning qonunida yozilgan qasamyodu la’natlar boshimizga tushdi.
12. Ha, Sen bizni va rahnamolarimizni ogohlantirgan eding! So‘ng aytganlaringni qilib, boshimizga shunday falokatlar yog‘dirdingki, Quddusda yuz bergan bunday dahshatli fojiani yorug‘ dunyo hali ko‘rmagan edi.
13. Musoning qonunida yozilgan har bir falokat boshimizga tushdi. Ammo biz shunda ham gunohlarimizdan qaytmadik, Egamiz Xudoning marhamatini izlamadik, Uning sodiqligini esga olmadik.
14. Vaqti kelib Egam bizni bu falokatlarga giriftor qildi, chunki biz Uning gaplariga itoat qilmadik. Darhaqiqat, Egamiz Xudo doim adolat ila ish tutar.
15. Ey, Rabbimiz Xudo, Sen O‘z xalqingni qudrating ila Misrdan olib chiqib, shuhratingni olamga yoyding. Sening qudrating bugunga qadar tilga olinur. Biz esa gunoh qildik, qabihlikka qo‘l urdik.
16. Yo Rabbiy, Sen o‘tmishda bizga ko‘p iltifot qilding. Hozir ham g‘azabu qahringni Quddusdan yiroq qilgin, deb yolvoraman. Quddus Sening shahring, Sening muqaddas tog‘ing–ku, axir! Bizning va ota–bobolarimizning gunohlari tufayli Quddus va tanlangan xalqing qo‘shni xalqlar orasida xor–zor bo‘lmoqda.
17. Shuning uchun, ey, Xudoyimiz, qulingning ibodatu iltijolariga quloq tutgin. Yo Rabbiy, xarob bo‘lgan Ma’badingga O‘z haqi–hurmating uchun munavvar yuzing bilan boqqin.
18. Ey, Xudoyim, quloq solib, nolalarimizni eshitgin! Ko‘zingni ochib, biz tortgan jabrni ko‘rib qo‘ygin! Shaharning ahvoliga bir qara, axir, u Sening noming bilan atalgan–ku! Biz Sening marhamatingga loyiq bo‘lmasak–da, O‘zingning cheksiz rahmdilliging tufayli bizga shafqat qil.
19. Yo Rabbiy, nolalarimni eshitgin! Yo Rabbiy, bizni kechirgin! Yo Rabbiy, iltijolarimni eshitib yordam bergin! Hurmating haqi shoshilgin, chunki bu shahring va xalqing Sening noming bilan atalgandir, ey, Xudoyim!
20. Men toat–ibodatda bo‘lib, o‘zimning gunohlarim va xalqim Isroilning gunohlari uchun tavba qilib, Xudoning muqaddas tog‘i — Quddus uchun Egam Xudoga iltijo qilayotgan edim.
21. Kechki qurbonlik paytida men hali ibodat qilayotganimda, oldimga Jabroil uchib tushdi. Men uni oldingi vahiyda ham ko‘rgan edim.
22. U menga tushuntirdi: — Doniyor, men oldingga vahiyni tushuntirmoq uchun keldim.
23. Sen Xudoga iltijo qila boshlaganingda, U senga javob bergan edi. Men javobini senga yetqazmoq uchun keldim, chunki sen Xudoning suyukli bandasisan. Qani, endi aytadigan gaplarimni yaxshilab eshit, vahiyning ma’nosini tushunib olgin:
24. Isyonni bartaraf etish, qabihlikka chek qo‘yish, gunohni poklash hamda abadiy adolat o‘rnatish uchun Xudo sening xalqing va muqaddas shahring uchun yetmish karra yetti yil belgiladi. Shunda vahiy va karomatlar amalga oshadi, muqaddas Ma’bad esa tabarruk qilinadi.
25. Shuni bilib qo‘yginki, Quddusni tiklash uchun amr berilganidan to Xudo moy surtib tanlagan yo‘lboshchi kelguniga qadar, yetti karra yetti yil o‘tadi. Oltmish ikki karra yetti yil mobaynida Quddus shahri, uning yo‘llari va mudofaa inshootlari tiklanadi, ammo bu mashaqqatli damlarda sodir bo‘ladi.
26. Oltmish ikki karra yetti yil o‘tgach, Xudo tanlagan yo‘lboshchi o‘ldiriladi. U erishgan hamma narsa barbod bo‘ladi. Qo‘shin tortib kelgan ajnabiy bir hukmdor shaharga kuchli selday yopirilib, shaharni hamda Ma’badni vayron qiladi. Xudoning qaroriga muvofiq, urushu vayronagarchiliklar o‘sha davrning oxirgacha davom etadi.
27. O‘sha hukmdor ko‘p xalqlar bilan bir karra yetti yilga[87] kuchli bir bitim tuzadi. O‘sha vaqtning yarmi o‘tgach, qurbonlik va nazrlarga chek qo‘yib, Ma’badda makruh bir narsa o‘rnatadi. Bu narsa ko‘p harom– xarish ishlarga sabab bo‘ladi. Bu ahvol Xudo belgilagan kungacha davom etadi. O‘sha kuni shahar bilan Ma’badni vayron qilgan hukmdorning kuni bitadi.”
1. Fors shohi Kurush hukmronligining uchinchi yilida, Beltashazar deb atalgan Doniyorga Xudodan bir xabar kelgan edi. Kelajakda albatta sodir bo‘ladigan kuchli to‘qnashuvga oid bo‘lgan bu xabarning ma’nosi Doniyorga vahiy orqali ayon bo‘ldi.
2. Doniyor shunday deb yozdi: “O‘sha paytda men uch hafta azadorday yurdim.
3. Uch hafta davomida hech qanday tansiq taom yemadim, go‘sht bilan sharobni og‘zimga olmadim, yuvinib–taranmadim.
4. Birinchi oyning yigirma to‘rtinchi kunida buyuk Dajla daryosining bo‘yida turganimda
5. men bittasini ko‘rdim. Uning egnida zig‘ir tolasidan to‘qilgan libos, belida sof tilladan yasalgan kamar bor edi.
6. Uning tanasi qimmatbaho toshday yarqirab turar edi. Yuzi yashinday porlab, ko‘zlari mash’aladay yonib turar edi. Oyoq–qo‘llari yaltiroq misday tovlanib, ovozi bir olomon shovqiniday yangrar edi.
7. Vahiyni faqat men ko‘rdim. Yonimdagilar vahiyni ko‘rmagan bo‘lsa ham, vahimaga tushdilar. Ular tumtaraqay bo‘lib har yoqqa yashirinib oldilar.
8. Men bir o‘zim qoldim. O‘sha ajoyib vahiyni ko‘rayotganimda quvvatsizlanib, aft– angorim tanib bo‘lmaydigan darajada o‘zgarib ketganini sezdim. Madorim qolmagan edi.
9. Men farishtaning ovozini eshitganimda hushimdan ketib, yuz tuban yerda cho‘zilib qoldim.
10. So‘ng esa bir qo‘l menga tegib, meni kaft va tizzalarimga ko‘tarib qo‘ydi.
11. O‘sha farishta menga: — Ey, Doniyor, sen Xudoning suyukli bandasisan, — dedi. — Qani, tur! Senga aytadigan gaplarimga quloq sol, chunki men sening oldingga yuborilganman. U bu gaplarini menga aytayotganda men qaltirab o‘rnimdan turdim.
12. — Doniyor, qo‘rqma! — dedi u menga. — Sen hayot lazzatlaridan voz kechib, xabar xususida mulohaza yuritishni boshlagan kuningdayoq, iltijolaring ijobat bo‘lgan edi. Iltijolaringga binoan, men oldingga keldim.
13. Ammo Fors shohligini himoya qiluvchi farishta yigirma bir kun davomida menga qarshilik qildi. Men u bilan jang qilib hayallab qolganim uchun, bosh farishtalardan biri bo‘lgan Mikoyil menga yordamga keldi.
14. Men senga kelajakda xalqing boshiga tushadigan narsalarni tushuntirish uchun keldim. Bu vahiy o‘sha kunlarga oiddir.
15. U bu so‘zlarni gapirayotganda, men lom–mim deya olmay, boshimni egib turar edim.
16. So‘ng odam qiyofasidagi boshqa biri lablarimga qo‘l tekkizdi. Men og‘zimni juftlab, oldimda turganga dedim: — Hazratim, bu vahiy yurak–bag‘rimni ezib yubordi, madorim quridi.
17. Menday bir qul qanday qilib hazratim bilan gaplasha oladi? Holdan toyganman, bazo‘r nafas olyapman.
18. U yana bir bor menga qo‘lini tekkizib, menga kuch ato etdi.
19. Men birinchi ko‘rgan boshqa birovi shunday dedi: — Ey, Xudoning suyukli bandasi, qo‘rqma! Tinchlan! Dadil bo‘l! U menga gapirayotganda dadillanib dedim: — Hazratim, siz menga dalda berdingiz, endi gapiravering.
20. — Sening oldingga nima uchun kelganimni bilasanmi o‘zi? — deb so‘radi u.
21. — Men senga Haqiqat kitobida yozilgan narsalarni aytib bermoqchiman. Bundan so‘ng men qaytib, Fors shohligini himoya qiluvchi farishtaga qarshi urushga chiqaman. Keyin Yunonistonni himoya qiluvchi farishta bilan jang qilaman. Bu to‘qnashuvda Isroilni himoya qiluvchi Mikoyil farishtadan boshqa yordamchim yo‘q.
1. Midiyalik Doro hukmronligining birinchi yilida men Mikoyilga yordam berib, uni muhofaza qilib turgan edim.”
2. Farishta gapida davom etib Doniyorga shunday dedi: “Endi esa men senga haqiqatni aytaman. Fors shohligida yana uchta shoh hukmronlik qiladi. To‘rtinchi shoh boshqalarga qaraganda ancha badavlat bo‘ladi. U boyligi orqali kuch orttirib, hammani Yunoniston shohligiga qarshi qo‘zg‘atadi.
3. Keyin taxtga jangovar bir shoh o‘tiradi, u beqiyos bir saltanatni boshqarib, xohlagan ishini qiladi.
4. Ammo qudratining cho‘qqisida saltanati parchalanib, to‘rt qismga bo‘linib ketadi. Shoh sulolasiga mansub bo‘lmagan yetti yot begonalar taxtga o‘tiradi, biroq saltanatning ilgarigi kuch– qudrati ularda bo‘lmaydi.
5. Shu orada Misr shohi kuchayib ketadi, ammo shohning zobitlaridan biri zo‘rayib, shoh saltanatidan ulkanroq bir saltanatga hukmronlik qiladi.
6. Bir necha yil o‘tgach, Misr shohi Suriya shohi bilan ittifoq tuzib, unga qizini uzatadi. Shu orqali u Suriya shohi bilan aloqasini mustahkamlamoqchi bo‘ladi, biroq ittifoq uzoq davom etmaydi. Qiz, kuyov, qizning otasi va ularning xizmatkorlari xoinlikning qurbonlari bo‘lishadi.
7. Ko‘p o‘tmay Misr taxtiga qizning qarindoshlaridan biri o‘tiradi. U Suriya shohining qo‘shinlariga hujum qilib, istehkomlarini zabt etadi. Qo‘shinlarni tor–mor qilib, g‘alaba qozonadi.
8. Suriya xudolarining haykallarini, oltin va kumushdan qilingan qimmatbaho idishlarni o‘lja qilib, Misrga olib ketadi. So‘ng bir necha yil davomida Suriya shohining tinchligini buzmaydi.
9. Shundan keyin Suriya shohi Misrga bostirib boradi, ammo yengilib, o‘z yurtiga qaytib ketadi.
10. Suriya shohining o‘g‘illari jangga otlanib, Misrga katta bir qo‘shin tortib borishadi. Qo‘shinlar sel kabi oqib, yovning qal’asiga hujum qilishadi.
11. G‘azablangan Misr shohi Suriya shohi bilan jang qilib, katta yov qo‘shinini tor–mor qiladi.
12. G‘alabaga erishgan Misr shohi o‘ta mag‘rurlanib ketadi, ammo omad unga boshqa kulib boqmaydi,
13. chunki bir necha yildan keyin Suriya shohi yana Misrga qo‘shin tortib keladi. Bu safar Suriya qo‘shinlari oldingidan ham ziyodroq, tish–tirnog‘igacha qurollangan bo‘ladi.
14. Shunda ko‘p odamlar Misr shohiga qarshi bosh ko‘taradilar. Vahiy amalga oshsin, deb xalqing orasidagi ayrim zo‘ravonlar ham qo‘zg‘aladi, ammo muvaffaqiyatga erisha olmaydilar.
15. Suriya shohi mustahkam bir shaharni qamal qilib, qo‘lga kiritadi. Suriyaning siquvi ostida Misr qo‘shinlari chekinadilar, hatto Misrning saralangan lashkarlari ham yov qo‘shinining shiddatli hujumini qaytara olmaydilar.
16. Suriya shohi xohlagan ishini qiladi, biror kishi unga qarshilik qilishga jur’at etmaydi. U go‘zal Isroil o‘lkasini qo‘lga kiritib, uni vayron qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
17. Dastavval Suriya shohi o‘z saltanatidagi bor qo‘shinni to‘plab, Misrni zabt etmoqchi bo‘ladi. Keyin Misrni ichidan yemirmoqchi bo‘lib, Misr shohi bilan sulh tuzadi va unga qiz uzatadi. Ammo Suriya shohining bu rejalari puchga chiqib, muvaffaqiyat keltirmaydi.
18. Bundan so‘ng Suriya shohi dengiz qirg‘og‘idagi shaharlarga hujum qilib, ko‘plarini qo‘lga kiritadi. Ammo o‘zga yurtlik bir sarkarda bu surbet shohning popugini pasaytirib, qilgan qilmishlariga yarasha jazosini beradi.
19. Shunda Suriya shohi chekinib, o‘z yurtidagi qal’alariga qaytib ketadi, ammo yo‘lda halokatga uchrab nobud bo‘ladi.
20. Uning o‘rniga Suriya taxtiga boshqa bir shoh o‘tiradi. Xazinasini boyitmoqchi bo‘lgan bu shoh zobitini yuborib, odamlarga katta soliqlar soladi. Ammo qisqa vaqt ichida halok bo‘ladi. Bu noxush voqea na jangda, na birovning qasdi natijasida sodir bo‘ladi.
21. Taxtga o‘tirgan keyingi shoh esa yaramas bir odam bo‘ladi. Shoh sulolasiga mansub bo‘lmagan bu kishi kutilmaganda hiyla orqali Suriya taxtiga chiqib oladi.
22. Unga qarshilik ko‘rsatgan barcha qo‘shinlarni oradan supurib tashlab, yo‘q qiladi. Hatto Ahd Shahzodasini ham shu ko‘yga soladi.
23. U boshqa xalqlar bilan bitim tuzgach, makkorona ish tutadi. Unga ergashuvchilarning soni kam bo‘lishiga qaramay, qudrati tobora oshib boraveradi.
24. U to‘satdan badavlat viloyatlarga bostirib borib, ota–bobolari qilmagan ishlarga qo‘l uradi. Qo‘lga kiritgan o‘ljayu mol–mulkni o‘ziga ergashganlarga ulashib beradi. Qal’alarni qo‘lga olish rejalarini tuzadi, ammo bunday hol uzoq davom etmaydi.
25. U kuch–qudratini yig‘ib, Misr shohiga qarshi katta bir lashkar tortib boradi. Misr shohi esa Suriya lashkaridan bisyorroq va kuchliroq qo‘shin bilan yov hujumini qaytarmoqchi bo‘ladi. Biroq hiylagarlarning domiga tushib, inqirozga yuz tutadi.
26. Misr shohining o‘z hamtovoqlari uning tomiriga bolta uradilar. Tor–mor bo‘lgan Misr qo‘shinlari jangda halok bo‘ladilar.
27. O‘sha ikkita shoh bir dasturxonda o‘tirib ovqatlanishadi, ammo dilidagi g‘arazni hushomad bilan yashirib, bir–biriga yolg‘on gapirishadi. Biroq Xudo belgilab qo‘ygan vaqt–soati yetib kelmagani uchun, birontasi ham muvaffaqiyatga erishmaydi.
28. Suriya shohi bir talay boylik bilan ona yurtiga qaytib ketadi. Yo‘lda esa Xudo ahd tuzgan xalqqa qarshi chiqib, ularga ko‘p ozor yetkazadi.
29. Belgilangan vaqtda Suriya shohi yana Misrga yurish qiladi, ammo bu safar vaziyat boshqacha tus oladi.
30. G‘arb sohillaridan kelgan jang kemalari Suriya shohiga qarshilik ko‘rsatishadi, yuragi dov bermagan Suriya shohi chekinadi. Biroq g‘azabini Xudoning xalqiga sochib alamidan chiqadi, muqaddas ahddan toyganlarni esa mukofotlaydi.
31. Uning lashkarlari Ma’bad qal’asiga bostirib kirib, tabarruk joyni harom qilishadi. Kundalik qurbonliklarni to‘xtatib, ko‘p harom–xarish ishlarga sabab bo‘ladigan makruh narsani o‘rnatishadi.
32. Shoh shirin so‘zlar bilan ahddan toyganlarning ko‘nglini ovlab, ularni o‘z tomoniga og‘dirib oladi. Xudoga sodiq qolganlar esa bor kuchlari bilan unga qarshilik ko‘rsatadilar.
33. Xalq orasidagi dono yo‘lboshchilar odamlarga oqilona pand–nasihatlar berishadi. Ammo ko‘p o‘tmay ularning ayrimlari qilichdan o‘tkaziladi, ayrimlari tiriklayin olovda kuydiriladi, ayrimlari mol–mulkidan ayrilib, zindonga tashlanadi.
34. Quvg‘in paytida ularga ozgina yordam tegadi. Biroq saflariga ba’zi bir riyokor odamlar kirib olishadi.
35. Quvg‘in paytida ayrim dono kishilar azob chekadilar. Biroq bu azoblar orqali Xudo ularni oxirzamon vaqtiga tayyorlab, tozalab poklaydi, chunki belgilangan vaqt hali ham kelmagan bo‘ladi.
36. Suriya shohi xohlaganini qiladi. O‘zini ko‘klarga ko‘tarib, xudolardan ustun qo‘yadi. Eng buyuk Xudoga qarshi gapirib, kufr ketadi. Xudo belgilab qo‘ygan g‘azab davri tugaguniga qadar muvaffaqiyat qozonadi. Biroq Xudo o‘z rejasini albatta amalga oshiradi.
37. Suriya shohi ota– bobolari sig‘ingan xudolarni hamda ayollar yaxshi ko‘radigan xudoni pisand qilmaydi. O‘zini hammasidan ustun qo‘yib, bironta xudoni nazariga ilmaydi.
38. Bularning o‘rniga u qal’alarni himoya qiluvchi xudoni ulug‘laydi. Ota–bobolari topinmagan bu xudoga u oltin, kumush, javohir va qimmatbaho sovg‘alarni nazr qiladi.
39. O‘zga yurt xudosining homiyligi bilan qal’alarini himoya qiladi. Uni haqiqiy hukmdor deb bilganlarga izzat– ehtirom bildirib, yuqori mansablarga ko‘taradi. Bunday odamlarga yerlarni mukofot sifatida bo‘lib beradi.
40. Oxirzamon vaqtida Misr shohi Suriya shohiga hujum qiladi. Ammo Suriya shohi jang aravalari, chavandozlari va talay kemalari bilan unga qarshilik ko‘rsatib, toshqin suvlar kabi ko‘p shohliklarni bosib oladi.
41. U go‘zal Isroil o‘lkasini ham zabt etib, minglab xalqlarning boshiga yetadi. Ammo Edom hamda Mo‘ab xalqlari va Ommon xalqining asosiy qismi Suriya shohining changalidan qochib qutuladi.
42. Ko‘plab shohliklar, shular qatori, Misr ham Suriya istilosi ostida qoladi.
43. Suriya shohi Misrning oltinu kumush xazinalariga va barcha boyliklariga egalik qiladi. Liviyaliklar bilan Habashistonliklar ham unga qaram bo‘ladilar.
44. Biroq sharq va shimoldan kelgan noxush xabarlar Suriya shohini vahimaga soladi. Bu xabarlardan darg‘azab bo‘lgan shoh yo‘lga otlanib, ko‘p odamlarni qirib tashlaydi.
45. So‘ng dengiz va go‘zal muqaddas tog‘ orasidagi yerlarga borib, u yerda shohona chodirlarini tikadi. Ammo o‘sha joyda jon beradi, unga yordam beradigan hech kim bo‘lmaydi.”
1. Farishta gapini davom ettirdi: “O‘sha paytda xalqingni himoya qiluvchi buyuk Mikoyil farishta hozir bo‘ladi. Shunda insonlar birlashib xalq bo‘lgandan beri misli ko‘rilmagan dahshatli azob–uqubatlar davri boshlanadi. Ammo o‘sha damlarda sening xalqing orasidan Xudoning kitobiga ismi yozilgan har bir odam najot topadi.
2. Qora yer bag‘rida yotganlarning ko‘pchiligi uyg‘onadi: kimdir abadiy hayotga erishadi, kimdir sharmandaligu abadiy isnodga duchor bo‘ladi.
3. Donolar musaffo osmon kabi yashnaydilar, odamlarni haq yo‘lga solganlar esa yulduzlar kabi mangu porlayveradilar.
4. Sen esa, ey, Doniyor, kitobni muhrlaginu bu so‘zlarni oxirzamongacha sir saqla. Bu davr mobaynida ko‘p odamlar o‘zlarini u yoqdan–bu yoqqa urib, yuz berayotgan hodisalarni tushunmoqchi bo‘ladilar.”
5. Doniyor shunday deb yozdi: “Men, daryoning bo‘yida paydo bo‘lgan yana boshqa ikki farishtani ko‘rdim. Bittasi daryoning bu tomonida, boshqasi u tomonida turar edi.
6. Ularning biri oqimning yuqori qismida turgan zig‘ir libosli farishtadan: — Bunday qiyinchiliklar qachongacha davom etadi? Oxiri bormi o‘zi? — deb so‘radi.
7. Zig‘ir libosli farishta ikkala qo‘lini osmonga cho‘zib, barhayot Xudoning nomi bilan qasam ichganini va shunday so‘zlar aytganini eshitdim: — Bu qiyinchiliklar uch yarim yil davom etadi. Xudoga qarashli odamlarning kuch–qudrati tamomila yo‘q qilingandan keyin, o‘sha quvg‘inlarning barchasi o‘z nihoyasiga yetadi.
8. O‘sha odamning gaplarini eshitdimu, tushunmadim: — Ey, hazratim, buning oqibati nima bo‘ladi? — deb so‘radim.
9. U shunday javob berdi: — Bu to‘g‘rida hech xavotir olma, Doniyor, chunki bu so‘zlar muhrlangan bo‘lib oxirzamonga qadar sir saqlanadi.
10. Bu quvg‘inlar tufayli ko‘p odamlar tozalanib, poklanadi, ammo fosiqlar fosiqligini davom ettiraveradi. Fosiqlarning birontasi ham buni tushunmaydi, donolar esa bularning barchasini anglab oladilar.
11. Kundalik qurbonliklar to‘xtatilib, ko‘p harom–xarish ishlarga sabab bo‘ladigan makruh bir narsa o‘rnatilgan paytdan boshlab 1290 kun o‘tadi.
12. Oxirgacha, ya’ni 1335 kun o‘tgunga qadar sodiq bo‘lib qolganlar naqadar baxtiyordir.
13. Sen, Doniyor, umr yo‘lingni davom ettirib, olamdan ko‘z yumasan. Oxiratda esa mukofotingni olish uchun tirilasan.”



YouTube kanaliga xush kelibsiz!




► Uzbek tilida Muqaddas Kitob Injil (YANGILANGAN AUDIO KITOB)


Muqaddas Kitob



AJOYIB KITOBNI O'QING Muqaddas Kitob. Tavrot, Zabur, Injil
Tavrot | Zabur | Injil (+audio)
Muqaddas Kitob  Muqaddas Kitob APP
Yuklab olish - Muqaddas Kitob O'zbek tilida Injil (latin 27mb .pdf)
Скачать - Муқаддас Китоб (Инжил) (кирилл 26mb .PDF)
Муқаддас Китоб (катта шрифтли нусхаси) (кирилл 38mb .PDF)

MUQADDAS KITOB
1. Eng ko'p o'qiladigan kitob - har yili taxminan 80 million nusxada nashr etiladi
2. Muqaddas Kitob 1600 yil davomida 40 dan ortiq mualliflar tomonidan yozilgan va hech qanday qarama-qarshiliklarga ega emas.
3. Injil uch tilda (ibroniy, yunon va oromiy) va uchta qit'ada yozilgan.
4. Muqaddas Kitob toʻliq yoki qisman 2377 til va dialektga tarjima qilingan.

Xush kelibsiz!

Яхши аудио Китоблар
Audiokitoblar Uzbek tilida


Kinolar va Multiklar
Kinolar Uzbek tilida


Audiokitob - Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd
Audiokitob Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd


Аудио Кутубхона
Audiokitob Uzbek tilida

Telegram bot: @audio_kito_bot
Kanal: @kitoblar_elektron_uz


Qaysi kitoblarni tinglashni istaysiz?
Qaysi kitoblarni tinglashni istaysiz?

docs.google.com/forms


Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

Matto Muqaddas xushxabar  Mark Muqaddas xushxabar  Luqo Muqaddas xushxabar  Yuhanno Muqaddas xushxabar  Havoriylarning faoliyati  Yoqubning maktubi  Butrusning birinchi maktubi  Butrusning ikkinchi maktubi  Yuhannoning birinchi maktubi  Yuhannoning ikkinchi maktubi  Yuhannoning uchinchi maktubi  Yahudoning maktubi  Rimliklarga maktub  Korinfliklarga birinchi maktub  Korinfliklarga ikkinchi maktub  Galatiyaliklarga maktub  Efesliklarga maktub  Filippiliklarga maktub  Kolosaliklarga maktub  1-Salonikaliklarga  2-Salonikaliklarga  Timo'tiyga birinchi maktub  Timo'tiyga ikkinchi maktub  Titusga maktub  Filimo'nga maktub  Ibroniylarga maktub  Yuhannoga ko'rsatilgan vahiy


Sharhlar

...ҳар куни — байрамнинг биринчи кунидан охирги кунигача Худонинг Таврот китобидан ўқиб берди...

...kunidan oxirgi kunigacha Xudoning Tavrot kitobidan o‘qib berdi...
Naximiyo 8:18


Yaxshi audio kitoblarni yuklab oling uzbek tilidagi

911. Xudoning irodasini izlash (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. Haqiqiy sevgini izlash (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. Rejalashtirilmagan homiladorlik (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. O'z joniga qasd qilish haqidagi fikrlar (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. Jinsiy zo‘rlanish (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. Ota-onaning ajralishi (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. Nizolar (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. Yaqin insonning vafot etishi (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    Сенинг Чўққиларинг томон йўл (Ханна Харвард)    Фаришталар ҳам сукут сақлаган эдилар (Макс Лукадо)    Худонинг Буюклиги (Эйден Тозер)    Яраланган юрак (Дэн Аллендер)    Худонинг Муқаддаслиги (Роберт Спраул)    Фарзандингиз учун қай тариқа чўпон бўлиш мумкин? (Тед Трипп)    Энага яна ёрдамга шошади (Мишель Лароу)  Сандон устида (Макс Лукадо)    Гувохлик ва биография (Николай Бойко Ерофеевич)    Турмуш ўртоғингиз нотўғри ёъл тутганда, Сиз тоғри ёъл тудинг (Лесли Верник)    Матонат соҳиби (Джош Макдауелл)    Бахтли оила (Абдулла Рашидов)    Zamonamiz durdonasi (Nikolay Boyko)    Худди Исо Каби (Макс Лукадо)    Уни Нажоткор деб аташлари таажжубли эмас (Макс Лукадо)    Дарбадар ўгилнинг қайтиши (Генри Нувен)    Худо жуда яқин келди (Макс Лукадо)    Эски Аҳд аёллари ҳақида вазлар (Чарлз Спержен)    Iso bizning taqdirimiz (Vilgelm Bush)    Сиз осмонда қилолмайдиган иш (Марк Кехилл)    Дарбадар ўғил (Чарлз Спержен)    Ҳомиладорлигим кундалиги (Вера Самарина)    Иброҳимнинг оиласи: парчаланган шажарани шифолаш (Дон Мак-Керри)    Зулматдаги нур (Доктор Джеймс ва Ширли Добсон)    Митти Тиллақўнғиз ва Серқуёш ўтлоқзор аҳолиси (Майя Огородникова)    Подшоҳнинг сири  (Урусла Марк)    Яна қароқчилар қўлидами? (Урусла Марк)    Қароқчиларникидай  эмас (Марк Урусла)    Эътиқод уфқлари (Георгий Винс)    (Биродар Андрей ва Алекс Янсен) Сирли масиҳийлар    Масиҳийлик таълимоти асослари (Роберт Спраул)    Ҳаёт бўронларига бардош беринг (Пол Эстебрукс)    Абадийликка ишонаман (Николай Ерофеевич Бойко)    Ўсмир ибодатининг кучи (Сторми Омартиан) kitob Uzbek tilida    Чегарасиз хает (Ник Вуйчич) kitob Uzbek tilida    Севимли инсоннинг ҳаёти (Генри Нувен) kitob Uzbek tilida    Довюраклар (Макс Лукадо) kitob Uzbek tilida    Бирга қилинган ибодатнинг қудрати (Сторми Омартиан) kitob Uzbek tilida    Хузур халоват амрлари (Джон Макартур) kitob Uzbek tilida    Саботли инсон (Джош Макдауелл) kitob Uzbek tilida    Shijoatkor (Nik Vuychich) kitob Uzbek tilida    Мақсад Сари Йўналтирилган Ҳаёт (Рик Уоррен) kitob Uzbek tilida    Чалғитиш номли душман (Джон Мэйсон) kitob Uzbek tilida    Мафтункор Гўзаллик (Джон ва Стейси Элдридж) kitob Uzbek tilida    Севги ва ҳурмат (Эмерсон Эггерих) kitob Uzbek tilida    Ayollar... (Nensi Demoss) kitob Uzbek tilida    Хакиат асоси (Джон Стотт) kitob Uzbek tilida    ИБОДАТГЎЙ АЁЛНИНГ КУЧИ (СТОРМИ ОМАРТИАН) kitob Uzbek tilida    ТЎҒРИ ҚАРОР (Джош ва Дотти Макдауэлл) kitob Uzbek tilida    Нега? (Филип Янси) kitob Uzbek tilida    Hayotdagi yetakchilik va ijodiy salohiyat (Rik Joyner) kitob Uzbek tilida    Ishayo 53 sharxlar (Mitch Gleyzer) kitob Uzbek tilida    Xudoga qay tarzda manzur bolish mumkin (Robert Charlz Spraul) kitob Uzbek tilida    Mukaddas ruxning siri (Robert Charlz Spraul) kitob Uzbek tilida    Ota-ona ibodatining kuchi (Stormi Omartian) kitob Uzbek tilida    Muhabbat tilsimi (Djosh Makdauell) kitob Uzbek tilida  Xudoning qalbiga mos erkak (Jim Jorj) kitob Uzbek tilida    Bolaning nazaridagi qahramon (Djosh Makdauell) kitob Uzbek tilida    G‘alamisning xati (Klayv Steyplz Lyuis) kitob Uzbek tilida    Dolzarb Savollarga Javoblar (James Paker) kitob Uzbek tilida    kitob Uzbek tilida    kitob Uzbek tilida    kitob Uzbek tilida    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Bolalar Audiokitob Uzbekcha    Bolalar kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida  Hamdu Sanolar Uzbekcha    Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musika



Kitobook – Kitoblar, AudioKitoblar: Инжил ва Muqaddas Kitob ва Инжил Каракалпак