Muqaddas Kitob

Amos

1. Ushbu kitobda taxuvalik cho‘ponlardan biri bo‘lgan Amosning so‘zlari bayon etilgan. Isroil to‘g‘risidagi bu so‘zlar Amosga zilziladan ikki yil avval vahiy orqali ayon bo‘lgan edi. O‘sha davrda Yahudo yurtida shoh Uzziyo, Isroil yurtida esa Yo‘sh o‘g‘li shoh Yoribom hukmronlik qilayotgan edilar.
2. Amos shunday dedi: “EgamizSiondan turib o‘kiradi, Quddusdan gulduros ovozi yangraydi! Cho‘ponlarning yaylovlari qurib qoladi, Karmil cho‘qqisidagi o‘tlar xazon bo‘ladi.”
3. Egamiz shunday demoqda: “Damashq aholisi gunoh ustiga gunoh qildi! Men ularni jazosiz qoldirmayman, Axir, ular Gilad aholisini temir tishli xo‘ptir bilan yanchidi.
4. Shunday ekan, Men shoh Xazayilning saroyiga olov yog‘diraman, Olov Banhadadning qal’alarini kuydirib tashlaydi.
5. Men Damashq darvozalarining tambalarini sindiraman. “Qabihlik vodiysi”ning hukmdorini yo‘q qilaman, Bayt–Edenda saltanat hassasini tutgan zotni halok qilaman. Oram xalqi asirlikka tushadi, Xir yurtiga olib ketiladi.” Egamizning kalomi shudir.
6. Egamiz shunday demoqda: “G‘azo aholisi gunoh ustiga gunoh qildi! Men ularni jazosiz qoldirmayman, Axir, ular butun bir xalqni asirlikka olib, Edomga qul qilib sotdilar.
7. Shunday ekan, Men G‘azo devoriga olov yog‘diraman, Olov G‘azo qal’alarini kuydirib tashlaydi.
8. Men Ashdod shahrining hukmdorini yo‘q qilaman, Ashqalonda saltanat hassasini tutgan zotni halok qilaman. Exron shahriga qarshi qo‘l ko‘taraman, Omon qolgan Filistlarni qirib tashlayman!” Egamiz Rabbiyning kalomi shudir.
9. Egamiz shunday demoqda: “Tir aholisi gunoh ustiga gunoh qildi! Men ularni jazosiz qoldirmayman. Axir, ular birodarlik ittifoqini unutib, Butun bir xalqni Edomliklarga qul qilib sotdilar.
10. Shunday ekan, Men Tir devoriga olov yog‘diraman, Olov Tir qal’alarini kuydirib tashlaydi.”
11. Egamiz shunday demoqda: “Edom aholisi gunoh ustiga gunoh qildi! Men ularni jazosiz qoldirmayman. Axir, ular qardoshi Isroil xalqiga rahm qilmadilar. Ularni qilich bilan ta’qib qilib, Qahrini cheksiz sochdilar, G‘azabidan hech tushmadilar.
12. Shunday ekan, Men Temon shahriga olov yog‘diraman, Bozrax qal’alarini olov kuydirib tashlaydi.”
13. Egamiz shunday demoqda: “Ommon xalqi gunoh ustiga gunoh qildi, Men ularni jazosiz qoldirmayman. Axir, ular hududini kengaytirish uchun Giladga hujum qildilar, O‘shanda homilador ayollarning qorinlarini yordilar.
14. Shunday ekan, Men Rabba shahrining devoriga o‘t qo‘yaman, Olov Rabba qal’alarini kuydirib tashlaydi. O‘sha kuni jangdagi hayqiriqlar falakni tutadi, Jang bo‘ron kabi avj oladi.
15. Ommon shohi surgun qilinadi, U bilan birga mulozimlar ham olib ketiladi.” Egamizning kalomi shudir.
1. Egamiz shunday demoqda: “Mo‘ab xalqi gunoh ustiga gunoh qildi! Men ularni jazosiz qoldirmayman. Axir, ular Edom shohining qabrini bulg‘adilar, Suyaklarini yondirib ohak qildilar.
2. Shunday ekan, Men Mo‘ab ustiga olov yog‘diraman, Olov Xariyo‘t qal’alarini kuydirib tashlaydi. Shovqin–suron ostida, bosqinchilarning hayqiriqlariyu, Burg‘u sadolari ostida Mo‘ab xalqi halok bo‘ladi.
3. Men Mo‘ab hukmdorini yo‘q qilaman, U bilan birga mulozimlarini qirib tashlayman.” Egamizning kalomi shudir.
4. Egamiz shunday demoqda: “Yahudo xalqi gunoh ustiga gunoh qildi! Men ularni jazosiz qoldirmayman, Axir, ular qonunlarimdan yuz o‘girdilar. Qoidalarimni bajarmadilar. Ota–bobolari singari soxta xudolarga sig‘inib, Haq yo‘ldan ozdilar.
5. Shunday ekan, Men Yahudo yurtiga olov yog‘diraman, Olov Quddus qal’alarini kuydirib tashlaydi.”
6. Egamiz shunday demoqda: “Isroil xalqi gunoh ustiga gunoh qildi! Men ularni jazosiz qoldirmayman, Axir, ular aybsizlarni pulga sotyaptilar. Kambag‘allarni bir juft choriqqa almashtiryaptilar.
7. Yo‘qsilning boshini tuproqqa qorib, oyoq osti qilyaptilar, Mazlumni yo‘ldan chetga itarib chiqaryaptilar. Ota va o‘g‘il bitta juvon bilan yotib, Meni badnom qilyaptilar.
8. Ular har bir qurbongoh oldida Garovga olgan liboslar ustida yotibdilar. O‘z Xudosining uyida, Jarima evaziga olgan sharobni ichyaptilar.
9. Ey Isroil xalqi, Men sizni deb, Amor xalqini yo‘q qilgan edim. Ularning bo‘y–basti sadr daraxtiday baland, Eman daraxtiday baquvvat bo‘lgan bo‘lsa–da, Men ularning mevasini qovjiratgan edim, Ildizini quritgan edim.
10. Amor xalqining yurtini sizlarga mulk qilib beraman deb, Sizlarni Misr yurtidan olib chiqqandim. Qirq yil sahroda sizlarga yo‘l ko‘rsatib yurgandim.
11. Farzandlaringizdan payg‘ambarlar tayinladim, Ha, O‘zimga yigitlaringizdan nazrlar tanladim. Shunday emasmi, ey Isroil xalqi?! — deb aytmoqda Egamiz. —
12. Sizlar esa nazr qilingan odamlarimga sharob ichirdingiz, Payg‘ambarlarimga: ‘Bashorat qilmanglar!’ deb buyurdingiz.
13. Mana, endi sizlarni shu qadar ezamanki, Sizlar og‘ir yuk ostida g‘irchillagan aravaday bo‘lasiz.
14. O‘shanda chaqqonlar ham qochib qutulolmaydi, Pahlavonlar ham kuchdan qoladi, Hatto jangchilar ham jonini saqlay olmaydi.
15. Kamonchi dosh berolmaydi, Choparlar qutqara olmaydi o‘zini, Otliqlar saqlay olmaydi jonini.
16. O‘sha kuni jasurlarning eng dovuragi ham Qurol–aslahalarini tashlab qochadi.” Egamizning kalomi shudir.
1. Ey Isroil xalqi, Egamizning so‘zlariga quloq soling. U Misrdan olib chiqqan butun xalqingizga shunday deb aytmoqda:
2. “Yer yuzidagi barcha xalqlar orasidan Yolg‘iz sizlarni tanlab olgan edim. Shu sababdan ham gunohlaringizga toqat qila olmayman, Qilgan hamma gunohlaringiz uchun sizlarni jazolayman.”
3. Ikki kishi kelishib olgandan keyingina birga yo‘lga tushadi.
4. Sher qurbonini ko‘zlab qo‘ysagina, o‘rmonda o‘kiradi, Shervachcha o‘ljasini ushlasagina, uyasida irillaydi.
5. Tuzoqqa yemish qo‘yilsagina, qush sirtmoqqa tushadi, Tuzoqqa hech narsa ilinmasa, sirtmoq tortilmaydi.
6. Xo‘sh, shaharda burg‘u chalinsa, kim sarosimaga tushmaydi?! Egamizning irodasisiz hech bir kulfat shaharga kelmaydi.
7. Darhaqiqat, Egamiz Rabbiy O‘z sirini payg‘ambarlariga ayon qiladi, Sirini o‘sha xizmatkorlariga ayon qilmay turib, U hech narsa qilmaydi.
8. Ana, sher o‘kirdi! Kim qo‘rqmaydi?! Ana, Egamiz Rabbiy gapirdi! Kim bashorat qilmaydi?!
9. Ashdod qal’alarida e’lon qiling, Misr qal’alarida shunday deb jar soling: “Samariya atrofidagi qirlarda to‘planing, U yerdagi avjga chiqqan g‘alayonni bir ko‘ring, Zo‘ravonlikning guvohi bo‘ling.”
10. Egamiz shunday demoqda: “Samariyaliklar qal’alarini harom boylikka to‘ldirdilar, To‘g‘rilik nimaligini ular bilmaydilar.”
11. Shu sababdan Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Dushman Samariyani qurshovga oladi, Istehkomlarini vayron qiladi, Samariya qal’alari talon–taroj bo‘ladi.”
12. Egamiz shunday demoqda: “Arslonning og‘zidan qo‘zichoqni tortib olmoqchi bo‘lgan cho‘pon, qo‘zichoqning ikki tuyog‘ini yoki qulog‘ining bir parchasini tortib oladi, xolos. Shu singari, Samariyada istiqomat qiluvchi Isroil xalqidan ayrimlarigina omon qoladi, ular bor– yo‘g‘i kursisining bir parchasiga, to‘shagining bir qismigagina ega bo‘ladi.”
13. Parvardigori Olam — Egamiz Rabbiy demoqda: “Gapimni eshiting! Yoqub xonadoniga qarshi guvohlik bering!
14. Men Isroil xalqini qilgan gunohi uchun jazolayman, O‘sha kuni Baytil qurbongohlarini vayron qilaman. Qurbongohning shoxlari kesilib, yerga tushib yotadi.
15. Men qishki va yozgi saroylarni buzib tashlayman, Fil suyagi bilan bezatilgan koshonalarni vayron qilaman, Barcha hashamatli uylarni yo‘q qilaman.” Egamizning kalomi shudir.
1. Ey Samariya ayollari, eshiting! Sizlar Bashandagi bo‘rdoqi sigirlarday semirib ketgansiz, Kambag‘allarga jabr qilasiz, yo‘qsilni ezasiz, Erlaringizdan ichkilik talab qilasiz.
2. Egamiz Rabbiy O‘z muqaddas nomi haqi ont ichib demoqda: “Shunday kunlar keladiki, Sizlarni ilmoqlar bilan sudrab ketishadi, Orqada qolganlaringizni qarmoqlar bilan tortib ketishadi.
3. Har biringiz to‘ppa–to‘g‘ri devordagi teshiklardan chiqib ketasizlar. Sizlarni Xarmonga uloqtirishadi, — deb aytmoqda Egamiz. —
4. Qani, endi Baytilga borib gunoh qilavering! Gilgalda gunohlaringizni ko‘paytiring! Sahardan qurbonliklar keltiring, Ertasiga ushrlar olib keling!
5. Xamirturushli nonlarni Menga shukrona nazri qiling, Ko‘ngildan chiqarib bergan qurbonligingiz haqida Jar solib hammaga ayting, Axir, bunday qilishni xo‘p yaxshi ko‘rasiz, ey Isroil xalqi! — deb aytmoqda EgamizRabbiy. —
6. Men hamma shaharlaringizda sizlarga Tishingizning kirini so‘rdirdim, Qishloqlaringizni nonga zor qildim, Shunda ham sizlar Menga qaytmadingizlar, — deb aytmoqda Egamiz. —
7. Ekinzorlaringizga suv kerak bo‘lganda, Men yomg‘ir yog‘dirmadim. Bir shaharga yomg‘ir yog‘dirib, Boshqasiga yog‘dirmas edim. Bir dalani yomg‘ir suviga to‘ydirardim, Boshqasiga yomg‘ir yog‘dirmay, quritar edim.
8. Shunda ikki–uch shahar aholisi suv ichgani Boshqa shaharga oyog‘ini sudrab borardi. Lekin sizlar suvga to‘ymadingizlar. Shunda ham Menga qaytmadingizlar, — deb aytmoqda Egamiz. —
9. Men hosilingizga shira va oqqirov qasalini yubordim. Chigirtkalar qayta–qayta bog‘u uzumzorlaringizni, Anjir va zaytun daraxtlaringizni nobud qildi, Shunda ham sizlar Menga qaytmadingizlar, — deb aytmoqda Egamiz. —
10. Misrda bo‘lgani kabi, orangizga falokat yubordim. Yigitlaringizni qilichdan o‘tkazdim, Otlaringizni dushmanlaringizga berdim. Qarorgohingizdagi jasadlarning qo‘lansa hidi bilan Dimog‘ingizni to‘ldirdim. Shunda ham sizlar Menga qaytmadingizlar, — deb aytmoqda Egamiz. —
11. Sado‘m va G‘amo‘rani yo‘q qilganim kabi, Men ko‘plaringizni yo‘q qildim. Sizlar alangadan chiqarib olingan yonayotgan o‘tinday edingizlar. Shunda ham Menga qaytmadingizlar, — deb aytmoqda Egamiz. —
12. Shunday ekan, ey Isroil, Men seni jazolayman. Xudoning oldida hisob berishga tayyorlangin!”
13. Zero, Xudo tog‘larga shakl berdi, Shamolni yuzaga keltirdi. U o‘y–fikrini insonlarga ayon qiladi, Tonggi shafaq nurini zulmatga aylantiradi, Tog‘ cho‘qqilari uzra yuradi. Parvardigori Olam — Egamizdir Uning nomi!
1. Ey Isroil xalqi, men sen haqingda aytayotgan marsiyamga quloq solgin:
2. Bokira qiz Isroil talafot ko‘rdi, Endi u hech qachon o‘zini o‘nglab olmaydi! Tashlab ketilgan, u o‘z yurtida ag‘nab yotadi, Unga turish uchun hech kim yordam bermaydi.
3. Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Bir shahringdan jangga chiqqan mingta jangchidan Yuztasi omon qoladi. Boshqa shahringdan jangga chiqqan yuzta jangchidan O‘ntasi omon qoladi.”
4. Isroil xalqiga Egamiz shunday demoqda: “Menga intilinglar, shunda yashaysizlar.
5. Baytilga esa bormanglar, Gilgalga oyoq bosmanglar, Bersheva tomon o‘tib yurmanglar. Axir, Gilgal aholisi surgun qilinadi, Baytil butkul vayron bo‘ladi.”
6. Egamizga intiling, shunda yashaysiz. Aks holda, ey Yusuf xonadoni, Sizga Xudo olovday yopiriladi, Olov Baytilni yamlab yutadi. Yong‘inni o‘chiradigan odam bo‘lmaydi.
7. Ey, adolatni zahar o‘tga aylantirganlar, Haqiqatni yerga uloqtirganlar, Sizning holingizga voy!
8. Parvin va Hulkar yulduzlarini yaratgan Egamizdir, U zulmatni tonggi nurga aylantiradi, Kunduzni qorong‘ilikka cho‘ktirib, tun qiladi, Dengiz suvlarini yig‘ib, yer yuziga sochib yuboradi. Egamizdir Uning nomi.
9. U kuchlilar ustiga kulfat yog‘diradi, Qal’alarni kulfatga giriftor qiladi.
10. Sizlar esa adolatli qozilardan nafratlanasizlar, Haqiqatni gapiruvchilardan hazar qilasizlar.
11. Kambag‘alning bug‘doyidan soliq olib, uni ezasizlar. Shunday ekan, yo‘nilgan toshdan qurgan uylaringizda yashamaysizlar. Barpo qilgan go‘zal uzumzorlaringiz mahsulidan sharob ichmaysizlar.
12. Men bilaman sizlar gunohga botib ketganingizni, Ko‘plab jinoyatlarga qo‘l urganingizni. Sizlar aybsiz kishini ezib, pora yeysizlar, Mahkamalarda faqirni adolatdan mahrum qilasizlar.
13. Shuning uchun farosatli odam bunday zamonda sukut saqlaydi, Axir, bu yovuz zamondir.
14. Yomonlikning emas, Yaxshilikning payida bo‘linglar, Shunda yashaysizlar. Parvardigori Olam — Egamiz ham, O‘zlaringiz aytganingizday sizlar bilan birga bo‘ladi.
15. Yomonlikdan nafratlanib, yaxshilikni seving, Mahkamalarda adolat o‘rnating. Balki shunda, ey Yusuf naslidan omon qolganlar, Parvardigori Olam — Egamiz sizga iltifot qilar.
16. Ey Isroil xalqi, gunohlaringiz tufayli Rabbiy, Parvardigori Olam — Egamiz shunday demoqda: “Hamma shahar maydonlarida odamlar dod– faryod ko‘tarishadi, Hamma ko‘chalarda ‘Voy jonim! Voy jonim!’ deya yig‘i–sig‘i qilishadi. Dehkonlarni aza tutish uchun chaqirishadi, Marsiya aytadigan yig‘ichi ayollar yollanadi.
17. Har bir uzumzordan fig‘on eshitiladi, Axir, Men orangizdan o‘tib, sizlarni jazolayman.” Egamizning kalomi shudir.
18. Egamizning kunini intizorlik bilan kutganlarning holiga voy! Nega Egamizning kunini kutyapsizlar? Bu kun yorug‘lik emas, zulmat olib keladi–ku!
19. O‘sha kuni sizlar go‘yo arslondan qochib, Ayiqqa duch kelgan odamday bo‘lasizlar. O‘sha odam ayiqdan ham qochib, uyiga keladi, Qo‘li bilan devorga suyanganda uni ilon chaqadi.
20. Nahot tushunmasangiz?! Egamizning kuni yorug‘lik emas, Qorong‘ulik olib keladi–ku! O‘sha kun nursiz, zulmat kuni bo‘ladi!
21. Egamiz shunday deydi: “Ey Isroil xalqi! Men marosimlaringizdan nafratlanaman, Ulardan hazar qilaman. Muqaddas yig‘inlaringizni xush ko‘rmayman.
22. Menga qurbonliklar kuydirsangiz ham, Don nazrlarini atasangiz ham, Men ularni qabul qilmayman. Semiz hayvonlaringizni so‘yib, Tinchlik qurbonliklarini keltirsangiz ham, Men ulardan rozi bo‘lmayman.
23. Bo‘ldi, bas qiling sershovqin ashulalaringizni, Men eshitmayman toringizning navolarini.
24. Undan ko‘ra suvday oqsin adolat, To‘xtovsiz daryoday oqsin haqiqat.
25. Ey Isroil xalqi, sizlar juda ko‘p qurbonliklar keltirasizlar! Men ota–bobolaringizni qirq yil sahroda olib yurganimda, ulardan shu qadar ko‘p qurbonligu nazrlarni talab qilmadim!
26. Sizlar o‘zingiz uchun yasagan ilohiy shohingiz Sikkut va yulduz xudosi Kivunning tasvirlariga topindingizlar.
27. Shuning uchun Men sizlarni Damashq ortidagi yurtga surgun qilaman. Qani endi turinglar! O‘sha xudolarning tasvirlarini ko‘tarib olib ketinglar.” Egamizning kalomi shudir. Parvardigori Olamdir Uning nomi.
1. Ey Quddusda rohat–farog‘atda yashaganlar, holingizga voy! Ey Samariya tog‘ida bexatar bo‘lganlar, holingizga voy! Sizlar o‘zlaringizni eng sara xalqning obro‘li odamlari deb bilasizlar, Bizga bosh bo‘linglar, deb Isroil xonadoni sizning oldingizga keladi.
2. Qalney shahriga borib, uning ahvolini ko‘ringlar. U yerdan buyuk Xomat shahriga o‘tib, holini bilinglar. Filist xalqining Gat shahriga ham borib ko‘ringlar. Sizlarning bu shohliklardan afzalroq joyingiz bormidi?! Yoki yurtingiz ularnikidan kattaroqmidi?!
3. Kulfat kuni kelishiga sizlar ishonmayapsizlar, Zo‘ravonlik hukmron bo‘lishiga sababchi bo‘lyapsizlar!
4. Sizlar fil suyagidan yasalgan supalarda yonboshlaysizlar, To‘shaklarda cho‘zilib yotasizlar, Qo‘zichoqlarning go‘shtidan lazzatlanasizlar, Semirtirilgan buzoqlarning go‘shtidan taom yeysizlar,
5. O‘zlaringizcha Dovud kabi kuylar bastalaysiz, Arfaning yangragan navolariga ashulalar aytasiz.
6. Qadahlab sharob ichasiz, Xushbo‘y moyning eng a’losini badaningizga surtasiz. Xalqingiz — Yusuf naslining kulfati uchun esa qayg‘urmaysiz!
7. Shunday ekan, sizlar birinchi bo‘lib surgun qilinasiz, Yonboshlab o‘tkazgan ziyofatlaringiz tugaydi.
8. Egamiz Rabbiy O‘z nomini o‘rtaga qo‘yib ont ichdi, Ha, Parvardigori Olam — Egamiz shunday demoqda: “Men Yoqub naslining takabburligidan nafratlanaman, Ularning qal’alaridan hazar qilaman. Samariya shahrini va u yerdagi hamma narsani Men dushmanning qo‘liga beraman.”
9. Agar bir uyda o‘nta odam qolgan bo‘lsa, ularning hammasi o‘ladi.
10. Ularning yaqin qarindoshi va go‘rkov marhumlarni dafn qilmoqchi bo‘lib kelishadi. Yaqin qarindoshi jasadlarni olib chiqqanda go‘rkovdan: “Yana jasadlar bormi?” deb so‘raydi. Go‘rkov: “Yo‘q”, deb javob beradi. Keyin esa: “Jim! Egamizning nomini tilga olmaylik!” deb aytadi.
11. Ana, Egamiz amr bermoqda: Koshonalar buzib tashlanadi, Kulbalar yakson bo‘ladi.
12. Otlar qoyalar ustida chopa olmaydi–ku! Dengizni ho‘kizlar bilan shudgor qilib bo‘lmaydi–ku! Qoyil–e, sizlar esa adolatni zaharga aylantirdingiz, Solihlikning shirin mevasini achchiq qildingiz.
13. Sizlar: “Lo‘davor shahrini qo‘lga kiritdik”, deb Maqtanib yuribsizlar. “Karnaym shahrini o‘z kuchimiz bilan yengdik”, deba ytyapsizlar.
14. Parvardigori Olam — Egamiz shunday demoqda: “Ey Isroil xalqi, qaranglar! Men sizlarga qarshi bir xalqni qo‘zg‘atdim. Ular Levo–Xomatdan to Araba tekisligigacha sizlarni ezadilar.”
1. Egamiz Rabbiy menga shunday vahiy ko‘rsatdi: Dehqonlar shoh saroyi uchun bug‘doy o‘rib olganlaridan keyin, kechki ekinlar unib chiqishni boshlabdi. Shu paytda Egamiz gala–gala chigirtkalarni paydo qildi.
2. Chigirtkalar yer yuzida ko‘karib turgan hamma narsani yeb bitirishibdi. Shunda men yolvordim: “Ey Egam Rabbiy, o‘tinaman, gunohimizdan o‘t! Yoqub nasli bunga bardosh bera olarmidi?! O‘zi kichkina bir xalq bo‘lsa!”
3. Egamiz shaxtidan qaytdi: “Bunday qilmayman”, deb aytdi.
4. Egamiz menga yana bir vahiy ko‘rsatdi: Egamiz Rabbiy xalqini olov bilan jazolamoqchi bo‘libdi. Olov buyuk dengizni yamlabdi, keyin yurtni yondira boshlabdi.
5. Shunda men yolvordim: “Ey Egam Rabbiy, o‘tinaman, bas qil! Yoqub nasli bunga bardosh bera olarmidi?! O‘zi kichkina bir xalq bo‘lsa!”
6. Egamiz shaxtidan qaytdi. “Xo‘p, bunday ham qilmayman”, deb aytdi Egamiz Rabbiy.
7. Men yana bir vahiy ko‘rdim: shoqul yordamida qurilgan devorning oldida Rabbiy turgan ekan. Uning qo‘lida bir shoqul bor edi.
8. Egamiz mendan: — Nimani ko‘ryapsan, Amos? — deb so‘radi. — Shoqulni, — deb javob berdim men. So‘ng Rabbiy shunday dedi: “Qara, Men mana shu shoqul yordamida Xalqim Isroilni tekshiraman. Endi ularga shafqat qilmayman.
9. Is’hoqning sajdagohlari vayron bo‘ladi, Isroilning qadamjolari yo‘q qilinadi, Men shoh Yorubom xonadoniga qilich bilan hujum qilaman.”
10. Baytildagi ruhoniy Emoziyo Isroil shohi Yorubomga xabar yuborib, shunday dedi: — Amos Isroil xalqi orasida sizga qarshi fitna uyushtirmoqda. Uning bunday so‘zlarini xalqimiz ko‘tara olmaydi.
11. Amos shunday deb aytib yuribdi: “Yorubom qilichdan halok bo‘ladi, Isroil xalqi o‘z yurtidan albatta surgun qilinadi.”
12. Emoziyo Amosning o‘ziga esa shunday dedi: — Ey valiy, bu yerdan chiqib ket! Yahudo yurtiga bor. Noningni o‘sha yerdan topib yegin. Bashoratlaringni ham o‘sha yerda ayt.
13. Ammo Baytilda qayta bashorat qila ko‘rma, chunki bu shohning qutluq joyidir, shohligimizning sajdagohidir.
14. Amos esa Emoziyoga shunday javob berdi: — Mening mashg‘ulotim payg‘ambarlik emas, payg‘ambarlarga shogird ham tushmaganman. Men podani boqib yuradigan oddiy bir cho‘ponman, shikamora–anjir daraxtlarini parvarish qilaman.
15. Bir kuni suruvni haydab ketayotganimda Egamiz meni chaqirib: “Bor, xalqim Isroilga bashorat qil”, deb aytdi.
16. Ey Emoziyo, endi Egamizning so‘zlarini eshit! Sen menga: “Isroil haqida bashorat qilma, Is’hoq xonadoniga qarshi gap gapirma”, deb aytyapsan.
17. Shu sababdan Egamiz shunday demoqda: “Sening xotining shaharda fohishalik qiladi, O‘g‘il–qizlaring qilichdan halok bo‘ladi. Yering boshqalarga bo‘lib beriladi. O‘zing esa harom bir yurtda o‘lasan. Isroil xalqi o‘z yurtidan albatta surgun qilinadi.”
1. Egamiz Rabbiy menga yana vahiy ko‘rsatdi: bir savat yetilib pishgan mevalar bor ekan.
2. Egamiz mendan: — Amos, nimani ko‘ryapsan? — deb so‘radi. — Bir savat yetilgan mevani, — deb javob berdim men. So‘ng Egamiz menga shunday dedi: “Xalqim Isroil ham jazo uchun yetilib turibdi. Endi Men ularga shafqat qilmayman.
3. O‘sha kuni Ma’baddagi ashulalar marsiyaga aylanadi, — deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. — Hamma joyda jasadlar yotadi. Jim bo‘linglar!”
4. Ey yo‘qsillarni ezadiganlar, quloq solinglar! Ey, yurtdagi kambag‘allarni yo‘q qilganlar, eshitinglar!
5. Sizlar shunday aytasizlar: “Yangi oy shodiyonasi tezroq tamom bo‘la qolsa–yu, Donni sotsak. Shabbat kuni tezroq o‘tsa–yu, Bug‘doyni bozorga olib chiqsak. Shunda biz og‘irligini kamaytirib, Narxini oshiramiz, Tarozidan urib, odamlarni aldaymiz.
6. Bug‘doy chiqitlarini ham sotib yuboramiz. Yo‘qsilni bir juft choriqqa sotib olamiz, Kambag‘alni kumushga xarid qilamiz.”
7. Isroilning G‘ururi bo‘lmish Egamiz ont ichib dedi: “Ularning qilmishlarini Men hech qachon unutmayman, Ularni albatta jazolayman.
8. Shu sababdan yer titraydi! Yer yuzida yashovchi har bir mavjudot aza tutadi! Butun yer yuzi daryo to‘lqinlariday larzaga keladi, Ha, Nil suvlariday ko‘tarilib, pastga tushadi.”
9. Egamiz Rabbiy demoqda: “Ey Isroil xalqi, O‘sha kuni shunday qilamanki, Quyosh tush paytida botadi, Kuppa–kunduzi yer yuzini qorong‘ilik qoplaydi.
10. Bayramlaringiz motamga aylanadi, Hamma ashulalaringiz marsiya bo‘ladi. Sizlar hammalaringiz qayg‘udan qanorga o‘ranasiz, Aza tutganingizdan sochingizni oldirasiz. Yolg‘iz o‘g‘lidan judo bo‘lgan ota–onaga o‘xshab qolasiz. O‘sha kun oxiriga qadar achchiq kulfatday bo‘ladi.”
11. Egamiz Rabbiy demoqda: “Shunday kunlar keladiki, Men yurtga ocharchilik yuboraman. Odamlar non bilan suvni emas, Men, Egangizning so‘zini qo‘msab, och qolishadi.
12. Ular Mening so‘zimni eshitmoqchi bo‘lib, Bir dengizdan boshqa dengizgacha oyog‘ini sudrab borishadi, Shimoldan sharqqa yo‘l olishadi. U yoqdan–bu yoqqa yurib, sarson bo‘lishadi–yu, Ammo Men, Egangizning so‘zini eshita olishmaydi.
13. O‘sha kuni go‘zal qizlaru baquvvat yigitlar Tashnalikdan hushidan ketadilar.
14. Axir, ular Samariyaning sharmanda ma’budasi nomi bilan Qasam ichib yuribdilar, ‘Ey Dan yurti, xudoying shohid’, deb aytib yuribdilar, ‘Bershevaga olib boradigan ziyorat yo‘li haqi’, deb yuribdilar. Ammo ular yiqilib tushadilar, qaytib turmaydilar.”
1. Men qurbongohning oldida turgan Egamizni ko‘rdim, U shunday dedi: “Ma’bad ustunqoshlariga shunday zarba beringlarki, Poydevorlari larzaga kelsin. Ustunqoshlar odamlar ustiga o‘pirilib tushsin. Omon qolganlarni Men qilichdan o‘tkazaman, Ulardan birontasi ham qochib ketolmaydi. Hech qaysisi qutulib qolmaydi.
2. Ular yer qazib, o‘liklar diyoriga kirishsa ham, Men qo‘limni uzatib, ularni chiqarib olaman. Osmonga chiqib olishsa ham, U yerdan tortib tushiraman.
3. Karmil cho‘qqisida yashirinib olishsa ham, Ularni ovlab, qo‘lga tushiraman. Mendan qochib, dengiz tubiga bekinib olishsa ham, Dengiz iloniga amr berib chaqdiraman.
4. Dushmanlar ularni asirlikka olib ketishsa ham, Qilichga amr berib, hammasini qirib tashlayman. Ularga yaxshilik emas, yomonlik keltirishga qaror qildim.”
5. Sarvari Olam — Rabbiy Yerga qo‘l tekkizsa yer o‘pirilib ketadi, Butun yer yuzi Nil to‘lqinlariday Baland ko‘tarilib pastga tushadi. Yerda yashovchi har bir mavjudot aza tutadi.
6. Egamiz osmonda O‘ziga maskan qurdi, Yer uzra osmon gumbazini o‘rnatdi. Dengiz suvlarini yig‘ib, Yer yuziga sochib yuboradigan O‘shadir. Egamizdir Uning nomi.
7. Egamiz shunday demoqda: “Ey Isroil xalqi, Sizning Habashistonliklardan ortiq joyingiz bormidi?! Men Isroilni Misrdan qanday olib chiqqan bo‘lsam, Filist xalqini ham, xuddi shunday Xafto‘rdan olib chiqqanman, Oram xalqini ham Xirdan chiqarganman.
8. Men, Egangiz Rabbiy, Gunohkor Isroil shohligini kuzatib turibman. Uni yer yuzidan supurib tashlayman, Yoqub xonadonini esa batamom yo‘q qilmayman, — deb aytmoqda Egamiz. —
9. Men amr beraman, Shunda barcha xalqlar orasida, Bug‘doy elaganday Isroilni g‘alvirdan o‘tkazaman. Yaxshi donning birontasi yerga tushmaydi.
10. Xalqim orasidagi hamma gunohkorlar esa qilichdan halok bo‘ladi, Axir, bunday odamlar shunday aytishadi: ‘Ko‘rmaymiz biz yomonlik, Boshimizga tushmas biror ko‘rgilik.’
11. O‘sha kuni Men Dovud shohligini tiklayman. Hozir u qiyshayib ketgan kulbaday bo‘lsa–da, Devorlaridagi yoriq joylarini tuzataman, Buzilgan joylarini ko‘taraman. Uni qayta qurib ilgarigi holatga qaytaraman.
12. Shunda Isroil xalqi egalik qiladi Edomliklarning omon qolganlariga, Qo‘lim ostidagi hamma xalqlarga.” Egamizning kalomi shudir, U aytganlarini bajo qiladi.
13. Egamiz shunday demoqda: “Shunday vaqtlar keladiki, Dehqon hosilni yig‘ib ulgurmasidan, Yerni shudgor qilish vaqti keladi. Sharobni tayyorlab ulgurmasidan, Uzumning yangi hosili pishadi. Tog‘lardan shirin sharob tomadi, Hamma qirlardan pastga oqib tushadi.
14. Men xalqimni o‘z yurtiga qaytarib olib kelaman. Ular vayron bo‘lgan shaharlarni qayta qurib, U yerda o‘rnashib oladilar. Uzumzorlarni barpo qilib, sharobini ichadilar. Bog‘lar yaratib, mevalarini yeydilar.
15. Men ularni o‘z yurtida ko‘kartiraman. Men bergan yurtdan Ularni hech kim sug‘urib tashlamaydi.” Egangizning kalomi shudir.



YouTube kanaliga xush kelibsiz!




► Uzbek tilida Muqaddas Kitob Injil (YANGILANGAN AUDIO KITOB)


Muqaddas Kitob



AJOYIB KITOBNI O'QING Muqaddas Kitob. Tavrot, Zabur, Injil
Tavrot | Zabur | Injil (+audio)
Muqaddas Kitob  Muqaddas Kitob APP
Yuklab olish - Muqaddas Kitob O'zbek tilida Injil (latin 27mb .pdf)
Скачать - Муқаддас Китоб (Инжил) (кирилл 26mb .PDF)
Муқаддас Китоб (катта шрифтли нусхаси) (кирилл 38mb .PDF)

MUQADDAS KITOB
1. Eng ko'p o'qiladigan kitob - har yili taxminan 80 million nusxada nashr etiladi
2. Muqaddas Kitob 1600 yil davomida 40 dan ortiq mualliflar tomonidan yozilgan va hech qanday qarama-qarshiliklarga ega emas.
3. Injil uch tilda (ibroniy, yunon va oromiy) va uchta qit'ada yozilgan.
4. Muqaddas Kitob toʻliq yoki qisman 2377 til va dialektga tarjima qilingan.

Xush kelibsiz!

Яхши аудио Китоблар
Audiokitoblar Uzbek tilida


Kinolar va Multiklar
Kinolar Uzbek tilida


Audiokitob - Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd
Audiokitob Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd


Аудио Кутубхона
Audiokitob Uzbek tilida

Telegram bot: @audio_kito_bot
Kanal: @kitoblar_elektron_uz


Qaysi kitoblarni tinglashni istaysiz?
Qaysi kitoblarni tinglashni istaysiz?

docs.google.com/forms


Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

Matto Muqaddas xushxabar  Mark Muqaddas xushxabar  Luqo Muqaddas xushxabar  Yuhanno Muqaddas xushxabar  Havoriylarning faoliyati  Yoqubning maktubi  Butrusning birinchi maktubi  Butrusning ikkinchi maktubi  Yuhannoning birinchi maktubi  Yuhannoning ikkinchi maktubi  Yuhannoning uchinchi maktubi  Yahudoning maktubi  Rimliklarga maktub  Korinfliklarga birinchi maktub  Korinfliklarga ikkinchi maktub  Galatiyaliklarga maktub  Efesliklarga maktub  Filippiliklarga maktub  Kolosaliklarga maktub  1-Salonikaliklarga  2-Salonikaliklarga  Timo'tiyga birinchi maktub  Timo'tiyga ikkinchi maktub  Titusga maktub  Filimo'nga maktub  Ibroniylarga maktub  Yuhannoga ko'rsatilgan vahiy


Sharhlar

...ҳар куни — байрамнинг биринчи кунидан охирги кунигача Худонинг Таврот китобидан ўқиб берди...

...kunidan oxirgi kunigacha Xudoning Tavrot kitobidan o‘qib berdi...
Naximiyo 8:18


Yaxshi audio kitoblarni yuklab oling uzbek tilidagi

911. Xudoning irodasini izlash (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. Haqiqiy sevgini izlash (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. Rejalashtirilmagan homiladorlik (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. O'z joniga qasd qilish haqidagi fikrlar (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. Jinsiy zo‘rlanish (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. Ota-onaning ajralishi (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. Nizolar (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. Yaqin insonning vafot etishi (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    Сенинг Чўққиларинг томон йўл (Ханна Харвард)    Фаришталар ҳам сукут сақлаган эдилар (Макс Лукадо)    Худонинг Буюклиги (Эйден Тозер)    Яраланган юрак (Дэн Аллендер)    Худонинг Муқаддаслиги (Роберт Спраул)    Фарзандингиз учун қай тариқа чўпон бўлиш мумкин? (Тед Трипп)    Энага яна ёрдамга шошади (Мишель Лароу)  Сандон устида (Макс Лукадо)    Гувохлик ва биография (Николай Бойко Ерофеевич)    Турмуш ўртоғингиз нотўғри ёъл тутганда, Сиз тоғри ёъл тудинг (Лесли Верник)    Матонат соҳиби (Джош Макдауелл)    Бахтли оила (Абдулла Рашидов)    Zamonamiz durdonasi (Nikolay Boyko)    Худди Исо Каби (Макс Лукадо)    Уни Нажоткор деб аташлари таажжубли эмас (Макс Лукадо)    Дарбадар ўгилнинг қайтиши (Генри Нувен)    Худо жуда яқин келди (Макс Лукадо)    Эски Аҳд аёллари ҳақида вазлар (Чарлз Спержен)    Iso bizning taqdirimiz (Vilgelm Bush)    Сиз осмонда қилолмайдиган иш (Марк Кехилл)    Дарбадар ўғил (Чарлз Спержен)    Ҳомиладорлигим кундалиги (Вера Самарина)    Иброҳимнинг оиласи: парчаланган шажарани шифолаш (Дон Мак-Керри)    Зулматдаги нур (Доктор Джеймс ва Ширли Добсон)    Митти Тиллақўнғиз ва Серқуёш ўтлоқзор аҳолиси (Майя Огородникова)    Подшоҳнинг сири  (Урусла Марк)    Яна қароқчилар қўлидами? (Урусла Марк)    Қароқчиларникидай  эмас (Марк Урусла)    Эътиқод уфқлари (Георгий Винс)    (Биродар Андрей ва Алекс Янсен) Сирли масиҳийлар    Масиҳийлик таълимоти асослари (Роберт Спраул)    Ҳаёт бўронларига бардош беринг (Пол Эстебрукс)    Абадийликка ишонаман (Николай Ерофеевич Бойко)    Ўсмир ибодатининг кучи (Сторми Омартиан) kitob Uzbek tilida    Чегарасиз хает (Ник Вуйчич) kitob Uzbek tilida    Севимли инсоннинг ҳаёти (Генри Нувен) kitob Uzbek tilida    Довюраклар (Макс Лукадо) kitob Uzbek tilida    Бирга қилинган ибодатнинг қудрати (Сторми Омартиан) kitob Uzbek tilida    Хузур халоват амрлари (Джон Макартур) kitob Uzbek tilida    Саботли инсон (Джош Макдауелл) kitob Uzbek tilida    Shijoatkor (Nik Vuychich) kitob Uzbek tilida    Мақсад Сари Йўналтирилган Ҳаёт (Рик Уоррен) kitob Uzbek tilida    Чалғитиш номли душман (Джон Мэйсон) kitob Uzbek tilida    Мафтункор Гўзаллик (Джон ва Стейси Элдридж) kitob Uzbek tilida    Севги ва ҳурмат (Эмерсон Эггерих) kitob Uzbek tilida    Ayollar... (Nensi Demoss) kitob Uzbek tilida    Хакиат асоси (Джон Стотт) kitob Uzbek tilida    ИБОДАТГЎЙ АЁЛНИНГ КУЧИ (СТОРМИ ОМАРТИАН) kitob Uzbek tilida    ТЎҒРИ ҚАРОР (Джош ва Дотти Макдауэлл) kitob Uzbek tilida    Нега? (Филип Янси) kitob Uzbek tilida    Hayotdagi yetakchilik va ijodiy salohiyat (Rik Joyner) kitob Uzbek tilida    Ishayo 53 sharxlar (Mitch Gleyzer) kitob Uzbek tilida    Xudoga qay tarzda manzur bolish mumkin (Robert Charlz Spraul) kitob Uzbek tilida    Mukaddas ruxning siri (Robert Charlz Spraul) kitob Uzbek tilida    Ota-ona ibodatining kuchi (Stormi Omartian) kitob Uzbek tilida    Muhabbat tilsimi (Djosh Makdauell) kitob Uzbek tilida  Xudoning qalbiga mos erkak (Jim Jorj) kitob Uzbek tilida    Bolaning nazaridagi qahramon (Djosh Makdauell) kitob Uzbek tilida    G‘alamisning xati (Klayv Steyplz Lyuis) kitob Uzbek tilida    Dolzarb Savollarga Javoblar (James Paker) kitob Uzbek tilida    kitob Uzbek tilida    kitob Uzbek tilida    kitob Uzbek tilida    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Bolalar Audiokitob Uzbekcha    Bolalar kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida  Hamdu Sanolar Uzbekcha    Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musika



Kitobook – Kitoblar, AudioKitoblar: Инжил ва Muqaddas Kitob ва Инжил Каракалпак