Muqaddas Kitob

Rimliklarga maktub

1. Men, Iso Masihning quli bo‘lgan Pavlusdan, Rimdagi birodarlarimga salom! Men havoriylikka da’vat etilganman, Xudoning Xushxabarini yoyish uchun tanlanganman.
2. Muqaddas Bitiklarda yozilganday, Xudo bu Xushxabarni beraman, deb, O‘z payg‘ambarlari orqali va’da bergan edi.
3. Bu Xushxabar insoniy jihatdan Dovudning zurriyoti bo‘lgan Xudoning O‘g‘li haqidadir.
4. Xudoning O‘zi Rabbimiz Iso Masihni o‘likdan tiriltirdi. Shu orqali Muqaddas Ruhning kuchiga to‘la bo‘lgan Iso Masih Xudoning O‘g‘li ekanligi isbotlandi.
5. Mana shu Iso Masih orqali Xudo menga inoyat ko‘rsatib, havoriy bo‘lish vazifasini berdi. Toki barcha xalqlar Xudoga ishonib, itoat etsinlar, shunda Iso Masihning nomi ulug‘lanadi.
6. Sizlar ham o‘sha xalqlar qatori Iso Masihga tegishli bo‘lishga da’vat etilgansizlar.
7. Men ushbu maktubimni sizlarga — Rimdagi birodarlarimga yozyapman. Xudo sizlarning hammangizni yaxshi ko‘rib, O‘zining aziz xalqi bo‘lishga chorlagan. Otamiz Xudo va Rabbimiz Iso Masih sizlarga inoyat va tinchlik ato qilsin.
8. Avvalambor Iso Masih sharofati ila barchangiz uchun Xudoyimga shukr qilaman, chunki butun dunyo sizlarning imoningiz haqida gapiryapti.
9. Xudoning O‘g‘li haqidagi Xushxabarni yoyar ekanman, chin qalbimdan Xudoga xizmat qilaman. Xudo shohid, men doim sizlar uchun ibodat qilaman.
10. Ibodatlarimda, doim Xudodan: “Agar irodang bo‘lsa, imkon ber, men borib, Rimdagi birodarlarimni ko‘rib kelay”, deb so‘rayman.
11. Sizlarni rosa ko‘rgim kelyapti, chunki sizlar bilan ruhiy in’omlarni baham ko‘rsam, deyman, shunda sizlar imonda yanada mustahkamroq bo‘lardingiz.
12. To‘g‘rirog‘i, ko‘rishganimizda, bir–birimizning imonimizdan dalda olsak, deyman.
13. Birodarlar, bilib qo‘yinglar, men ko‘p marta sizlarning oldingizga borishni rejalashtirgandim, ammo nimagadir hech yo‘l ochilmadi. Boshqa xalqlar orasida Xushxabarni aytib, yaxshi natijalarga erishdim. Rimda ham shunday natijalarga erishishni istayman.
14. Mening burchim madaniyatliyu madaniyatsizlarga, ziyoliyu o‘qimishsizlarga ham Xushxabarni aytishdan iborat.
15. Shuning uchun men sizlarga, ya’ni Rimdagilarga ham Xushxabarni aytishga intizorman.
16. Men Xushxabardan or qilmayman, chunki Xudoning kuch–qudrati bo‘lgan bu Xushxabar orqali unga ishonganlarning hammasi qutqariladi. Ishonadiganlar yahudiymi, g‘ayriyahudiymi, farqi yo‘q!
17. Bu Xushxabarda oshkor qilinganki, Xudo insonlarni imon orqali, ha, faqatgina imon orqali oqlaydi, chunki Muqaddas Bitiklarda: “Solih inson imon tufayli hayotga ega bo‘ladi”, — deb yozilgan.
18. Barcha fosiqligu adolatsizlik ustiga samodan Xudoning qahri yog‘iladi, chunki insonlar o‘z adolatsizliklari bilan haqiqatga to‘sqinlik qilyaptilar.
19. Xudo haqida nimaiki bilish mumkin bo‘lsa, ularga ravshandir, Xudoning O‘zi ularga zohir etgan.
20. Borliq yaratilgandan beri Xudoning ko‘rinmas xususiyatlari, ya’ni abadiy qudrati va ilohiyoti ochiq ko‘rinib turibdi. Xudoning ijodiga qarab, Uning xususiyatlarini tushunib olsa bo‘ladi. Shunday ekan, ular: “Xudoni bilmaymiz”, deb bahona qilolmaydilar.
21. Ular Xudoni bilsalar–da, Uni ulug‘lamadilar, Unga shukr qilmadilar. Aksincha, bema’ni o‘y–xayollarga berilib ketdilar, ularning nodon onglari zulmatga cho‘kdi.
22. Ular o‘zlarini aqlli, deb hisoblaydilar, aslida esa nodondirlar.
23. Ular mangu, ulug‘vor Xudoga emas, balki o‘tkinchi inson, qush, chorva, sudraluvchi jonivorlar suratidagi butlarga sajda qildilar.
24. Shuning uchun Xudo ularni o‘z yuraklaridagi chirkin ehtiroslari og‘ushida qoldirdi. Shu sababdan ular bir–birlarining badanlari bilan behayo ishlar qiladilar.
25. Ular Xudoning haqiqatini yolg‘on bilan almashtirib, Yaratuvchiga emas, balki yaratilganga sajda qilib, xizmat qiladilar. Faqatgina yaratuvchi Xudoga to abad hamdlar bo‘lsin! Omin.
26. Haqiqatni rad qilganlari uchun Xudo ularni o‘zlarining behayo ehtiroslariga topshirdi. Hatto ayollar ham tabiiy jinsiy munosabatni notabiiy munosabatga almashtirib, bir–birlari bilan jinsiy aloqa qildilar.
27. Xuddi shuningdek, erkaklar ham ayollar bilan bo‘ladigan tabiiy jinsiy munosabatdan voz kechib, bir–birlariga nisbatan shahvoniy hirs bilan yondilar. Erkaklar bir–birlari bilan behayo ishlar qilib, qilmishlariga yarasha jazo tortyaptilar.
28. Bu odamlar Xudoni tanib–bilishni rad qilganlari uchun, Xudo ularni buzuq xayollarga topshirib qo‘ydi, shu bilan ular qilish mumkin bo‘lmagan ishlarni qiladilar.
29. Ular har turli adolatsizlik, yomonlik, ochko‘zlik va yovuzlikka to‘lib, hasadgo‘ylik, qotillik, janjalkashlik, firibgarlik va badfe’llikka mukkasidan ketgandirlar. Ular g‘iybatchi bo‘lib,
30. odamlarning orqasidan gapiradilar. Xudodan nafratlanadilar. Ular surbet, takabbur, maqtanchoqdirlar. Ular yovuz ishlar qilishning har xil yo‘llarini topadilar, ota–onalariga itoat qilmaydilar.
31. Ular nodondirlar, ularga ishonib bo‘lmaydi, ularda mehr–shafqat yo‘q.
32. Xudoning qonunida, shunday ishlarni qiladigan odamlar o‘limga loyiq, deb aytilganini biladilar. Shunday bo‘lsa–da, ular nafaqat bu ishlarni o‘zlari qiladilar, balki o‘shanday ishlarni qiluvchilarni qo‘llab–quvvatlaydilar.
1. Ey, boshqalarni hukm qilayotgan inson! Sen kim bo‘lishingdan qat’iy nazar, bunday qilishga senda hech bir asos yo‘q. Sen boshqa odamni hukm qilib, o‘zingni ham mahkum etasan. Axir, o‘zing ham shu ishlarni qilyapsan–ku!
2. Bunday ishlar qilib yurganlarni Xudo mahkum qilishga haqli ekanini bilamiz.
3. Ayni ishlarni o‘zing qila turib, shunday ishlarni qiluvchilarni hukm etsang, Xudoning hukmidan qochib qutulaman, deb o‘ylaysanmi?!
4. Xudoning cheksiz mehribonligi va sabr–toqatini pisand qilmayotganingni qara. Axir, Uning muruvvati seni tavbaga yetaklashini bilmaysanmi?!
5. Ammo sen o‘jarlik qilib, gunohlaringdan tavba qilmayapsan. Xudoning adolatli hukmi ayon bo‘ladigan qahr–g‘azab kunida boshingga tushadigan jazoni yanada ko‘paytiryapsan.
6. Xudo har kimni qilgan ishiga yarasha taqdirlaydi.
7. Yaxshi ishda qunt qilib, Xudodan sharaf, hurmat–ehtirom va mangulik olishga intilganlarga U abadiy hayot ato qiladi.
8. Ammo xudbinlik qiladigan, haqiqatni rad etib, adolatsizlikka ergashadiganlar qahr–g‘azabga duchor bo‘ladi.
9. Yovuzlik qiladigan har bir insonning boshiga falokatu iztirob tushadi, bu inson yahudiymi, g‘ayriyahudiymi — farqi yo‘q.
10. Yaxshilik qiladiganlarga esa — yahudiylarga ham, g‘ayriyahudiylarga ham, sharaf, hurmat– ehtirom va tinchlik nasib etadi.
11. Zero, Xudo tarafkashlik qilmaydi.
12. Xudoning qonunini bilmasdan turib gunoh qilganlar qonunga aloqasiz ravishda hukm qilinadilar. Qonunni bila turib gunoh qilganlar esa qonun bo‘yicha hukm qilinadilar.
13. Axir, qonunni eshitganlar emas, balki qonunga rioya qiladiganlar Xudoning oldida oqlanadilar.
14. G‘ayriyahudiylarda Xudoning qonuni yo‘q. Ammo qonunni bilmay turib, ular tabiiy ravishda qonun buyurganlarni bajarsalar, o‘zlariga o‘zlari qonundirlar.
15. Bu bilan ular qonunning talablari o‘z yuraklarida yozilganini ko‘rsatadilar. Ularning vijdoni ham bunga shahodat beradi, chunki ularning xayollari goh ularni qoralaydi, goh oqlaydi.
16. Xudo insonlarning yashirin o‘y– xayollarini Iso Masih orqali hukm qiladigan kunda bularning hammasi ayon bo‘ladi. Men keltirgan Xushxabarda bular bayon etilgan.
17. Mana, orangizdagilarning ba’zilari: “Men Yahudiyman”, deydilar, qonunga suyanib, “Xudoga yaqinman”, deb maqtanadilar.
18. Ey, Yahudiy! Sen Xudoning xohish-irodasini bilish va yaxshini yomondan farq qilishni qonundan o‘rganib olibsan.
19. Xudoning qonunida barcha ilm–ma’rifat va haqiqat mujassam. Senda mana shu qonun borligi uchun, sen ko‘rlarga yo‘l ko‘rsatuvchi,
20. zulmatda qolganlarga nur, g‘ofillarga murabbiy, g‘o‘r bolalarga esa muallim ekanligingga ishonching komil.
21. Shunday ekan, sen qanday qilib boshqalarga ta’lim bera turib, o‘zingga ta’lim bermaysan?! “O‘g‘irlik qilma”, deb nasihat qilib turib, o‘g‘irlik qilasanmi?!
22. “Zino qilma”, deb turib, o‘zing zino qilasanmi?! “Butlardan jirkanaman”, deb turib, kufrlik qilasanmi?
23. Qonunni bilaman, deb maqtanasan–u, lekin qonunni buzib, Xudonining nomiga dog‘ tushirasanmi?!
24. Axir, Muqaddas Bitiklarda shunday yozilgan–ku: “Sizlarni deb, g‘ayriyahudiylar orasida Xudoning nomi haqorat qilinmoqda.”
25. Sunnat masalasiga kelaylik. Agar sen qonunga rioya qiladigan bo‘lsang, sunnatning foydasi bor. Ammo qonunni buzsang, sening sunnating sunnatsizlikday bo‘lib qolgan.
26. Xuddi shuningdek, agar sunnat qilinmaganlar qonunga amal qilsalar, ularning sunnatsizligi sunnatday qabul qilinmaydimi?!
27. Shunday ekan, sunnatsiz bo‘la turib, qonunga amal qiladigan odam seni mahkum qilmaydimi?! Axir, senda Muqaddas Bitiklar bor, sen sunnat qilingansan–u, lekin baribir Xudoning qonunini buzasan.
28. Yahudiy urf–odatlari bilan yashaydiganlarning hammasi ham asl yahudiy emas. Jismoniy sunnatning o‘zi ham sunnatning asl maqsadini bajarmaydi.
29. Asl yahudiylik yurakdan kelib chiqadi. Asl sunnat, ya’ni yurakning sunnati qonunga amal qilishdan kelib chiqmaydi, balki Ruh tomonidan qilinadi. Asl yahudiy insonlarning emas, balki Xudoning maqtoviga sazovor bo‘ladi.
1. Xo‘sh, yahudiylarning qanday ustunligi bor? Yoki sunnatning nima foydasi bor?
2. Yahudiylar har jihatdan katta ustunlikka egadirlar. Bu ustunlik eng avval shundan iboratki, Xudoning kalomi ularga ishonib topshirilgan.
3. Ularning ba’zilari ishonmagan bo‘lsa, nima bo‘pti? Ularning ishonmaganligi Xudoning sadoqatini bekor qiladimi?
4. Yo‘q, aslo! Axir, har bir inson yolg‘onchi bo‘lsa ham, Xudo haqdir. Muqaddas Bitiklarda Xudo haqida shunday yozilgan–ku: “Shu bois hukm qilganingda Sen barhaqsan, Qoralaganingda doimo to‘g‘ri bo‘lib chiqasan.”
5. Insoniy fikr yuritib aytayin: Agar bizning qabihligimiz Xudoning odilligini yanada ochiqroq ko‘rsatsa, nima ham derdik?! Boshimizga qahr– g‘azab yog‘dirgani uchun Xudo adolatsizmi?!
6. Yo‘q, aslo! Xudo odildir. Xudo adolatsiz bo‘lganda edi, qanday qilib dunyoni hukm qila olardi?!
7. Mening yolg‘onchiligim Xudoning haqligiga urg‘u berib, Unga yanada ko‘proq shon– shuhrat keltirar ekan, nima uchun men gunohkor sifatida mahkum qilinyapman?
8. Shunday ekan, “Yaxshilik kelib chiqsin, deb yomonlik qilaveraylik”, — deyishimiz kerakmi?! Ba’zilar bizga tuhmat qilib, o‘shanday ta’lim beryapti, deb aytmoqdalar. Bunday tuhmat qilganlar jazoga loyiqdir.
9. Xo‘sh, biz, yahudiylar boshqalardan ustunmizmi? Yo‘q, aslo! Yuqorida isbotlab o‘tganimday, xoh yahudiy bo‘lsin, xoh g‘ayriyahudiy bo‘lsin, har bir inson gunohning hokimiyati ostidadir.
10. Axir, Muqaddas Bitiklarda quyidagiday yozilgan–ku: “Solih hech bir kimsa yo‘qdir, Hatto bironta ham yo‘q!
11. Bironta ham idrokli zot yo‘q, Hech kim Xudoga yuz burmaydi.
12. Hammasi yo‘ldan ozgan, birday buzilgan, Yaxshilik qiluvchi bir kimsa yo‘qdir, Hatto bironta ham yo‘q!
13. Og‘izlari ochilgan qabr kabidir, Ular yolg‘on gapiradi. Tillaridan ilon zahri tomadi.
14. Ularning og‘zidan la’nat, achchiq so‘zlar chiqadi.
15. Ularning oyoqlari qon to‘kishga shoshiladi,
16. Qadamidan halokatu vayrona keladi.
17. Ular tinchlik yo‘llarini bilmaydi,
18. Ular Xudodan qo‘rqmaydi.”
19. Biz bilamizki, qonun neki buyurgan bo‘lsa, qonunga qaram bo‘lganlarga buyurgan, toki har bir og‘iz yumilsin va butun dunyo Xudo oldida javobgar bo‘lsin.
20. Zotan qonunga amal qilsa–da, hech kim Xudoning oldida oqlana olmaydi, chunki qonun insonga o‘z gunohkorligini yanada aniqroq ko‘rsatadi.
21. Mana endi qonunga aloqasiz ravishda oqlanish yo‘lini Xudoning O‘zi aniq ko‘rsatdi. Bu haqda Tavrot va payg‘ambarlar guvohlik beradi.
22. Biz Iso Masihga bo‘lgan imonimiz orqali Xudoning oldida oqlanamiz. Odamlar orasida hech bir farq yo‘q.
23. Axir, hamma gunoh qilgan va Xudoning ulug‘vorligidan mahrumdir.
24. Lekin gunohkorlar Iso Masih orqali gunohlaridan ozod bo‘ladilar. Ular oqlanishga loyiq bo‘lmasalarda, Xudoning inoyati bilan oqlanadilar.
25. 26Xudo Iso Masihni bu dunyoga yubordi. Masihga ishonganlarning hammasi Uning to‘kilgan qoni orqali Xudo bilan yarashdilar.
26. Shunday qilib, Xudo O‘zining adolatini namoyon qiladi. U oldin sabr–toqat qilib, ilgari qilingan gunohlarni jazosiz qoldirgan edi, endi esa Iso Masihga ishonganlarni oqlab, O‘zining haq ekanligini ko‘rsatmoqda.
27. Endi maqtanishga arzigulik narsamiz qoldimi? Yo‘q, maqtovga o‘rin yo‘q. Qanday qilib? Amrlarni bajo keltirishni talab qiluvchi qonunga ko‘rami? Yo‘q, insonlar imon orqali oqlanganda maqtanishga hech o‘rin qolmaydi.
28. Biz qanoat hosil qildikki, inson qonun talablarini bajo qilish orqali emas, balki imon orqali oqlanadi.
29. Nahotki Xudo faqat yahudiylarning Xudosi bo‘lsa?! U boshqa xalqlarning ham Xudosi emasmi? Albatta, U boshqa xalqlarning ham Xudosi.
30. Axir, Xudo yagona–ku! Sunnatlilarni ham, sunnatsizlarni ham Xudo imon orqali oqlaydi.
31. Demak, biz bu imon bilan qonunni bekor qilyapmizmi? Yo‘q, aslo! Aksincha, qonunni tasdiqlayapmiz.
1. Xo‘sh, biz bobokalonimiz Ibrohim haqida nima deymiz? Ibrohim qanday qilib inoyat topdi?
2. Agar Ibrohim savob ishlari tufayli oqlanganda edi, uning maqtanishga haqqi bo‘lardi, ammo Xudoning oldida hech kim maqtana olmaydi.
3. Axir, Muqaddas Bitiklarda nima deb yozilgan? “Ibrohim Xudoga ishondi, Xudo uni ishonchi uchun, solih, deb bildi.”
4. Mehnatkashga to‘lanadigan maosh iltifot emas, xizmat haqidir.
5. Biroq qonunni bajarishga suyanmay, balki betavfiqni oqlovchi Xudoga ishongan kishi o‘z ishonchi tufayli oqlanadi.
6. Mana, qonunni bajarganidan qat’iy nazar, Xudo tomonidan oqlangan odamni Dovud ham baxtli, deb aytadi:
7. “Itoatsizligi kechirilganlar baxtlidir, Egamiz kimning gunohidan o‘tgan bo‘lsa, O‘sha inson baxtlidir.
8. Egamiz kimning aybini yozmagan bo‘lsa, O‘sha inson baxtlidir.”
9. Bu baxtiyorlik faqat sunnat qilinganlarga mansubmi yoki sunnatsizlarga ham tegishlimi? Aytib o‘tganimizday, Ibrohim ishonchi tufayli oqlandi.
10. Xo‘sh, u qachon oqlandi? Sunnat bo‘lishidan oldinmi yoki keyinmi? Sunnat bo‘lishidan oldin!
11. U sunnatni ishonch orqali ega bo‘lgan solihligining muhri sifatida qabul qildi. U sunnat qilinmasdan oldin oqlangandi. Shunday qilib, Ibrohim sunnatsiz holda imon keltirib oqlangan har bir insonning otasi bo‘ldi.
12. Ayni zamonda, Ibrohim sunnatlilarning ham otasi hisoblanadi, shu shart bilanki, ularning imoni ham otamiz Ibrohim sunnat qilinmasdan oldin ega bo‘lgan imoniday bo‘lishi kerak.
13. Xudo Ibrohimga va uning nasliga yer yuzini mulk qilib olish to‘g‘risida va’da bergan edi. Ibrohim qonunga itoat qilgani uchun emas, balki Xudo uni ishonchi tufayli solih, deb bilgani uchun Xudo bu va’dani berdi.
14. Agar yer yuzini qonunga suyanadiganlar mulk qilib oladigan bo‘lsa edi, unda imon behuda, va’da esa quruq bo‘lib qolar edi.
15. Axir, qonun Xudoning g‘azabini qo‘zg‘atadi, xolos. Qonun bo‘lmasa, qonunbuzarlik ham bo‘lmaydi.
16. Shu sababdan, Xudoning va’dasi Uning inoyatiga bog‘liq bo‘lib, faqat imon bilan qabul qilinadi. Natijada qonunga amal qilib yashaydimi, yo‘qmi, xuddi Ibrohimning imoniday imonga ega bo‘lganlarning hammasi uning zurriyotidir. Xudoning va’dasi albatta ularga ham daxldordir. Axir, Ibrohim hammamizning otamizdir.
17. Muqaddas Bitiklarda quyidagicha yozilgan–ku: “Men seni ko‘plab xalqlarning otasi qilaman.” O‘liklarni tiriltiruvchi va mavjud bo‘lmagan narsalarni vujudga keltiruvchi Xudoga ishonib, Ibrohim hammamizning otamiz bo‘ldi.
18. Xudo Ibrohimga yana: “Sening nasling sonsanoqsiz bo‘ladi”, degan edi. Ibrohim ko‘p xalqlarning otasi bo‘lishga hech bir umidi qolmaganiga qaramasdan, imoni tufayli umidvor edi.
19. O‘zi yuz yoshga yaqinlashib, badani ancha zaiflashib qolganiga va xotini Soraning bepushtligiga qaramay, Ibrohimning imoni zaiflashmadi.
20. Imonsizlik qilib, Xudoning va’dasidan shubhalanmadi, balki imonida mahkam turib, Xudoni ulug‘ladi.
21. Xudo bergan va’dasini bajo keltirishga qodir, deb Ibrohim qat’iy ishonar edi.
22. Mana shu ishonchi uchun Xudo Ibrohimni solih, deb bildi.
23. Bu so‘zlar faqatgina Ibrohimga tegishli emas,
24. balki biz uchun ham aytilgan. Agar Rabbimiz Isoni o‘likdan tiriltirgan Xudoga ishonsak, Xudo bizni ham oqlaydi.
25. Bizning gunohlarimiz uchun Iso Masih o‘limga topshirildi va oqlanishimiz uchun tirildi.
1. Biz imonimiz tufayli oqlanganimiz uchun Rabbimiz Iso Masih orqali Xudo bilan yarashib, tinchlikka ega bo‘ldik.
2. Rabbimiz Iso Xudoning inoyati eshigini bizga ochib berdi. Biz imon tufayli bu inoyatga erishib, mahkam turamiz hamda Xudoning ulug‘vorligiga sherik bo‘lish umidimiz borligidan faxrlanamiz.
3. Faqatgina o‘sha umidimiz bilan emas, balki azob–uqubatlarimiz bilan ham faxrlanamiz, chunki azob–uqubatlar sabr–toqat hosil qilishini bilamiz.
4. Sabr–toqat Xudoga ma’qul fe’l–atvorni, bunday fel–atvor esa umidni hosil qiladi.
5. Umidimiz bizni uyatga qoldirmaydi. Chunki bizga berilgan Muqaddas Ruh orqali yuraklarimiz Xudoning mehr–muhabbati bilan to‘lib-toshadi.
6. Ha, biz chorasiz bo‘lganimizda, belgilangan vaqtda Masih biz — betavfiqlar uchun o‘ldi.
7. Hatto solih inson uchun ham o‘lishga rozi bo‘ladigan birorta insonni topish qiyin. Loaqal, kimdir himmatli inson uchun o‘lishga jur’at qilar.
8. Lekin biz hali gunohga botgan chog‘imizda, Masih biz uchun o‘ldi. Shu yo‘sinda Xudo bizga bo‘lgan O‘z mehr–muhabbatini namoyon qildi.
9. Demak, biz Masihning to‘kilgan qoni tufayli oqlangan ekanmiz, albatta U bizni Xudoning qahr–g‘azabidan qutqaradi.
10. Biz hali Uning dushmanlari bo‘lgan paytimizda, Xudo O‘z O‘g‘lining o‘limi orqali bizlarni O‘zi bilan yarashtirdi. Biz endi Xudo bilan yarashgan ekanmiz, albatta O‘g‘lining hayoti tufayli najot topamiz.
11. Bundan tashqari, biz Rabbimiz Iso Masih tufayli Xudo bilan bo‘lgan munosabatimizdan faxrlanamiz. Axir, Iso Masih orqali biz Xudo bilan yarashganmiz–ku.
12. Bir odamning dastidan dunyoga gunoh kirib keldi. Gunohdan esa o‘lim kelib chiqdi. Natijada insonlar o‘ladigan bo‘lib qoldi, chunki hamma gunohkordir.
13. Qonun mavjud bo‘lmasdan oldin ham dunyoda gunoh bor edi, lekin qonun yo‘qligida gunoh hisobga olinmaydi.
14. Shunga qaramay, Odam Atodan Musoga qadar yashaganlarning gunohlari aynan Odam Atoning gunohiday bo‘lmasa–da, o‘lim ularning ustidan hokimlik qildi. Quyidagi ravishda Odam Ato Kelajak Zotning timsoli edi:
15. Bir kishining gunohi tufayli hamma o‘ladigan bo‘ldi, shunga o‘xshab bir Odam, ya’ni Iso Masihning inoyati orqali hamma Xudoning boy ehsonidan bahramand bo‘la oladi. Biroq Xudoning ehsonini Odam Atoning gunohi bilan solishtirib bo‘lmaydi.
16. Xudoning ehsoni bilan Odam Atoning gunohi orasidagi farqi quyidagidan iboratdir: o‘sha bir gunohning oqibati mahkum qilinishga olib bordi, ko‘p gunohlardan keyin berilgan ehson esa oqlanishni keltirib chiqardi.
17. To‘g‘ri, bittagina odamning gunohi tufayli, o‘sha odamning dastidan o‘lim hokimlik qila boshladi. Ammo Xudoning cheksiz inoyati bilan oqlanganlarning hammasi endi bir Odam, ya’ni Iso Masih orqali abadiy hayotda hokimlik qiladilar.
18. Shunga ko‘ra, bir gunoh hammani mahkum qilganday, bir solih ish tufayli hamma oqlanib, yangi hayotdan bahramand bo‘la oladi.
19. Bir odamning itoatsizligi tufayli ko‘p odamlar gunohkor bo‘lgan bo‘lsa, endi bir Kishining itoatkorligi tufayli hamma solih bo‘la oladi.
20. Qonun berilgandan keyin gunoh ko‘payib ketdi. Lekin qayerda gunoh ko‘p bo‘lsa, Xudoning inoyati yanada ko‘proq namoyon bo‘ladi.
21. Shunday qilib, gunoh hokimlik qilib, bizni o‘limga boshlar edi. Ammo biz oqlandik va Rabbimiz Iso Masih orqali abadiy hayotga egamiz. Bu ko‘rsatib turibdiki, endi Xudoning inoyati hukm surmoqda.
1. Xo‘sh, nima deylik? Inoyat ko‘payaversin, deb gunoh qilishda davom etaveramizmi?
2. Yo‘q, aslo! Biz gunoh uchun o‘lganmiz. Endi qanday qilib gunoh qilib yashayveramiz?
3. Unutmanglar, cho‘mdirilish orqali biz — Masihga tegishli bo‘lganlar, Uning o‘limiga sherik bo‘ldik!
4. Biz suvga cho‘mdirilib, Masih bilan birga o‘ldik va ko‘mildik. Otamiz Xudoning ulug‘vor qudrati bilan Iso Masih o‘likdan tirilganiday, biz yangi hayotga ega bo‘lamiz.
5. Biz cho‘mdirilib, Iso Masihning o‘limiga sherik bo‘lgan bo‘lsak, albatta Uning o‘likdan tirilishiga ham sherik bo‘lamiz.
6. Biz bilamizki, eski o‘zligimiz Masih bilan birga xochga mixlangani uchun, gunohga berilgan bu vujudimiz yo‘q qilindi. Endi biz gunohga qulligimizdan qutildik.
7. Axir, o‘lgan odam gunohning amri ostida emas–ku!
8. Agar biz Masih bilan birga o‘lgan bo‘lsak, U bilan yashashimizga ham ishonchimiz komil.
9. Biz bilamizki, Masih o‘likdan tirilgani uchun U endi boshqa o‘lmaydi, o‘lim endi Unga hokim bo‘la olmaydi.
10. Masih o‘lgani uchun gunoh endi Unga o‘z ta’sirini ko‘rsata olmaydi, Uning yangi hayoti Xudoga shuhrat keltiradi.
11. Shuning uchun sizlar o‘zingizni gunoh oldida o‘lik deb hisoblang. Endi Iso Masih tufayli Xudoga shuhrat keltirib yashashingiz kerak.
12. Shunday qilib, endi gunoh sizlarning foniy tanalaringiz ustidan hokimlik qilmasin, xudbin istaklaringizga itoat etmanglar.
13. Tanangizning hech bir a’zosini yomonlik quroli qilib, gunohning izmiga topshirmanglar. Aksincha, o‘zingizni Xudoning izmiga topshiringlar, chunki sizlar oldin o‘lik edingizlar, endi esa yangi hayotga egasizlar. Sizlarning tanangiz Xudoning solihlik quroli bo‘lsin.
14. Gunoh sizlarning ustingizdan hukmron bo‘lmaydi, chunki sizlar endi qonun ostida emas, balki inoyat panohidasizlar.
15. Xo‘sh, buyog‘i endi nima bo‘ladi? Qonun ostida emas, inoyat panohida bo‘lganimiz uchun gunoh qilaveraylikmi? Yo‘q, aslo!
16. Bilmaysizlarmi, siz o‘zingizni itoatkor qul qilib kimning izmiga topshirsangizlar, o‘shaning quli bo‘lasizlar. Siz kimga bo‘ysunasizlar? O‘limga olib boruvchi gunohgami yoki solihlikka yetaklovchi itoatkorlikkami?
17. Ammo Xudoga shukurki, sizlar oldin gunohga qul bo‘lsangiz ham, endi sizlarga berilgan ta’limotga sidqidildan bo‘ysunyapsizlar.
18. Sizlar endi gunohning changalidan ozod qilinib, solihlikning quli bo‘lib qoldingizlar.
19. Inson ongi zaif bo‘lgani uchun men kundalik hayotdan misol keltirib gapiryapman. Sizlar bir vaqtlar a’zoyi badaningizni ifloslik va qonunsizlikka topshirib, gunohga yanada chuqurroq botib ketgandingiz. Endi esa o‘zingizni muqaddaslikka yetaklaydigan solihlikka qul qilib topshiring.
20. Axir gunohga qul bo‘lgan paytingizda, to‘g‘ri ishlar qilishga majbur emasdingiz.
21. O‘sha paytdagi qilmishlaringizning oqibati nima bo‘ldi?! Hozir ulardan uyalyapsiz, o‘sha qilmishlaringizning oqibati o‘lim–ku!
22. Endi gunohdan ozod qilinib, Xudoning quli bo‘lib qoldingiz. Buning natijasi muqaddaslik va abadiy hayotdir.
23. Gunohning evazi — o‘lim, Xudoning in’omi esa Rabbimiz Iso Masih orqali beriladigan abadiy hayotdir.
1. Ey birodarlar, axir sizlar bilasizlar–ku, (men qonunni biladiganlarga aytyapman), qonun faqat tirik insonning ustidan hukmronlik qiladi.
2. Masalan, erli xotinning eri tirik ekan, qonun bo‘yicha u eriga bog‘liq. Ammo eri o‘lsa, u nikohdan ozod bo‘ladi.
3. Shuning uchun hali eri tirik bo‘lgan xotin boshqa erga tegsa, u zinokor, deb hisoblanadi. Ammo eri o‘lsa, xotin o‘sha qonundan ozod bo‘ladi va boshqa erga tegsa ham, zino qilgan hisoblanmaydi.
4. Shunga o‘xshab, sizlar ham, ey birodarlarim, Masihning o‘limi orqali qonun uchun o‘lgansizlar. Endi o‘zingizni Boshqasiga, ya’ni o‘likdan tirilgan Masihga bag‘ishlash ozodligiga egasizlar. Buning natijasida esa biz Xudoning yo‘lida samarali ishlar qila olamiz.
5. Zero, biz bashariy tabiatimiz amri bilan yashagan paytimizda, qonun bizning a’zoyi badanimizda gunohkor ehtiroslarni qo‘zg‘atardi. Ularning samarasi esa o‘limdir.
6. Endi esa bizni asir qilgan qonun uchun o‘ldik va undan ozod bo‘ldik. Shunday qilib, biz eskichasiga, ya’ni yozilgan qonun yetakchiligida emas, balki yangichasiga, ya’ni Muqaddas Ruh yetakchiligida Xudoga xizmat qilamiz.
7. Xo‘sh, unda nima deymiz? Qonun gunohning manbaimi? Yo‘q, aslo! Ammo qonun bo‘lmaganda edi, men gunoh nima ekanligini bilmagan bo‘lar edim. Masalan, qonun “boshqalarning mulkiga ko‘z olaytirma” deb buyurmaganda edi, men buning gunoh ekanligini bilmagan bo‘lardim.
8. Shu tariqa gunoh bu amrdan foydalanib, mening yuragimda har xil nafsu hasadni qo‘zg‘atdi. Qonun bo‘lmagan joyda, gunoh o‘likdir.
9. Bir vaqtlar men qonunni bilmay yashardim. Ammo amr bor ekanligini bilganimdan keyin, gunoh tirildi,
10. men esa o‘ldim. Amr hayot keltirishi kerak edi, ammo mening o‘limimga sababchi bo‘ldi.
11. Chunki gunoh amrdan foydalanib, meni aldadi va amr orqali meni o‘ldirdi.
12. Ammo qonun baribir muqaddasdir, uning har bir amri muqaddas, odil va yaxshidir.
13. Xo‘sh, yaxshi bo‘lgan qonun menga o‘lim keltirdimi? Mutlaqo! Gunoh menga o‘lim keltirish uchun yaxshi narsadan foydalandi. Gunohning gunoh ekanligi ochiq ko‘rinishi uchun shunday bo‘ldi. Shunday qilib, amr orqali gunohning naqadar yomon ekanligi oshkor bo‘ldi.
14. Qonunni Xudo bergan. Men esa gunohga qul qilib sotilgan ojiz bandaman.
15. Axir, o‘zim qilayotgan ishlarni o‘zim tushunmayman, chunki qilishni xohlaganlarimni qilmayman, aksincha nimani yomon ko‘rsam, shuni qilaman.
16. O‘zim xohlamagan ishlarni qilayotgan ekanman, bu bilan qonunning yaxshi ekanligini ma’qullayotgan bo‘laman.
17. Demak, bu ishlarni men o‘zim emas, balki yuragimdagi gunoh qilayotgan bo‘ladi.
18. Menda, ya’ni bashariy tabiatimda yaxshi narsa yo‘qligini aniq bilaman. Yaxshilik qilish istagi dilimda bor bo‘lsa-da, uni ro‘yobga chiqarishga kuchim yetmaydi.
19. O‘zim qilishni xohlagan yaxshilikni qilmayman–da, uning o‘rniga o‘zim qilishni xohlamagan yomonlikni qilaman.
20. O‘zim xohlamagan ishni qilayotgan ekanman, demak, bu ishni men emas, balki yuragimdagi gunoh qilyapti.
21. Men bundan ushbu xulosani chiqaraman: yaxshilik qilmoqchi bo‘lganimda, qalbimda hamisha yomonlik poylab turadi.
22. Butun qalbim bilan Xudoning qonunidan zavq olaman.
23. Ammo a’zoyi badanimda boshqa bir qoida amal qilmoqda. Bu qoida ongimdagi qonunga qarshi kurash olib borib, a’zoyi badanimda amal qiluvchi gunoh qoidasiga meni asir qilyapti.
24. Oh, men sho‘rlik odam! O‘lim soyasi ostidagi bu ahvolimdan kim meni qutqarar ekan?
25. Xudoga shukr! Rabbimiz Iso Masih orqali U bizni qutqaradi! Xullasi kalom, men ongim bilan Xudoning qonuniga qul bo‘lsam-da, bashariy tabiatim gunoh qoidasiga quldir.
1. Iso Masihga tegishli bo‘lganlar endi hukm qilinmaydilar
2. Hayot ato etuvchi Ruhning qonun– qoidasi Iso Masih orqali meni gunohdan va o‘limga yetaklaydigan qonundan ozod qildi.
3. Inson Xudoning qonunini bajara olmagani uchun qonun ta’sirsiz bo‘lib qoldi. Qonun insonni gunohdan qutqara olmagani uchun Xudoning O‘zi bu ishni qildi. Xudo O‘z O‘g‘lini gunohkor insonga o‘xshatib, bu dunyoga yubordi. Shu yo‘sin, Xudo inson orqali gunohni mahkum qildi.
4. Biz, ya’ni bashariy tabiatning emas, balki Ruhning yetakchiligida yashayotganlar qonun talab qilgan solihlikka erishishimiz uchun Xudo shunday qildi.
5. Bashariy tabiat yetakchiligida yashaydiganlar bashariy fikr qiladilar. Ruhning yetakchiligida yashaydiganlar esa Ruhni mamnun qiladigan narsalar haqida fikr qiladilar.
6. Bashariy tabiat yetakchiligida fikr qilish o‘limga yetaklaydi, Ruh yetakchiligida fikr qiladiganlar esa hayot va tinchlikka ega bo‘ladilar.
7. Bashariy tabiat yetakchiligida fikr qilish Xudoga dushmanlikdir, chunki bunday tabiat Xudoning qonuniga itoat qilmaydi, darhaqiqat, itoat qila olmaydi.
8. Bashariy tabiat yetakchiligida yashaydiganlar Xudoni mamnun qila olmaydi.
9. Agar Xudoning Ruhi haqiqatan ham sizlarning qalbingizda makon qilgan bo‘lsa, sizlar endi bashariy tabiat amri bilan emas, balki Ruh amri bilan yashayapsizlar. Kimki Masihning Ruhiga ega bo‘lmasa, u Masihga tegishli emas.
10. Ammo Masih sizning qalbingizda makon qilgan. To‘g‘ri, gunoh tufayli tanangiz o‘limga mahkum qilingan, lekin endi Xudoning Ruhi sizlar uchun hayot manbaidir, chunki sizlar oqlangansiz.
11. Isoni o‘likdan tiriltirgan Xudoning Ruhi qalbingizda yashayapti. Iso Masihni o‘likdan tiriltirgan Xudo yuragingizda yashayotgan Ruhi orqali sizlarning foniy tanangizni ham o‘likdan tiriltiradi.
12. Shunday qilib, ey birodarlar, endi biz bashariy tabiatimizning amri bilan yashashga majbur emasmiz.
13. Axir bashariy tabiat yetakchiligida yashasangiz, o‘lasizlar, ammo Ruh orqali o‘sha tabiatning qilmishlariga chek qo‘ysangizlar, yashaysizlar.
14. Xudo Ruhining yetakchiligida yashaydiganlarning hammasi Xudoning farzandlaridir.
15. Xudo bizga O‘z Ruhini berdi. Buni yana qul bo‘lib, qo‘rquvda yashashimiz uchun emas, balki Uning farzandi bo‘lib, Ruh orqali Xudoni “Otajon” deb chaqirishimiz uchun qildi.
16. Xudoning Ruhi bizning ruhimizga qo‘shilib, biz Xudo farzandlari ekanligimiz haqida guvohlik berib turadi.
17. Biz Xudoning farzandlari ekanmiz, demak, farzandlarday Uning va’da qilgan barakalariga ega bo‘lamiz, Masih bilan birga bu barakalarni baham ko‘ramiz. Biz Masihning azob– uqubatlariga sherik ekanmiz, albatta, Uning ulug‘vorligiga ham sherik bo‘lamiz.
18. Ishonchim komilki, hozirgi azob–uqubatlarimiz bizga zohir qilinadigan ulug‘vorlik oldida hech narsa emas.
19. Axir, butun mavjudot Xudoning farzandlari kim ekanligining ayon qilinishini intizorlik bilan kutyapti.
20. Chunki mavjudot behudalikka mubtalo bo‘lgan. Bu mavjudotning ixtiyori bilan emas, balki Xudoning ixtiyori bilan shunday bo‘ldi.
21. Shunday bo‘lsa–da, mavjudot chirib–bitish qulligidan ozod etilib, Xudoning farzandlari bilan birga ulug‘vor erkinlikdan bahramand bo‘lishiga umid bor.
22. Axir, butun mavjudot go‘yo to‘lg‘oq azobida, hozirga qadar birgalikda oh-nola qilayotganini bilamiz.
23. Nafaqat mavjudot, balki biz o‘zimiz, ya’ni Xudoning Ruhi bilan yashash qanday ekanligini tatib ko‘rganlar ham, ichimizdan oh– nola qilyapmiz. Xudoning farzandlari qilib asrab olinganimizning to‘la ro‘yobga chiqishini hamda o‘ladigan badanimizning chirib–bitishdan ozod bo‘lishini intizorlik bilan kutyapmiz.
24. Umidimizning ro‘yobga chiqishini kutib turib, najot topganmiz. Ko‘zga ko‘rinib turgan narsa umid emas. Axir, kim ko‘rib turgan narsani umid qiladi?!
25. Agarda biz ko‘rmaganimizni umid qilayotgan bo‘lsak, buni sabr bilan kutib tursak bo‘ladi.
26. Buning ustiga, ojizligimizda Ruh bizga madad beradi. Chunki biz qanday qilib ibodat qilishni bilmaymiz, ammo Ruhning o‘zi ifoda qilib bo‘lmas oh-nolalar bilan biz uchun Xudo oldida shafoat qiladi.
27. Insonlarning yuragini sinovchi Xudo Ruhning fikri nimada ekanligini biladi, chunki Ruh Xudoning irodasiga ko‘ra Uning azizlari uchun shafoat qiladi.
28. Biz bilamizki, Xudoni yaxshi ko‘rganlarga hamma narsa yaxshilik bo‘lib xizmat qiladi, chunki Xudo ularni O‘zining maqsadiga ko‘ra da’vat etdi.
29. Xudo ularni azaldan tanlab olgan edi va “Mening O‘g‘limga o‘xshab borsinlar”, deb oldindan belgilab qo‘ygan edi, toki O‘g‘il ko‘p birodarlar orasida to‘ng‘ich bo‘lsin.
30. Xudo oldindan belgilab qo‘yganlarni da’vat ham etdi, da’vat etganlarni esa oqladi, oqlaganlarni esa O‘zining ulug‘vorligidan bahramand qildi.
31. Endi bunga nima deymiz? Xudo biz tomon bo‘lsa, kim bizga qarshi chiqar ekan?!
32. Xudo O‘z O‘g‘lini ayamay, hammamiz uchun Uni fido qilgan bo‘lsa, Unga qo‘shib qolgan hamma narsani ham bizga ato qilmasmikan?!
33. Xudoning tanlaganlarini kim ayblay olardi?! Xudoning O‘zi ularni oqlaydi– ku!
34. Bizni kim mahkum qilar ekan?! Axir, o‘lib, tirilgan, Xudoning o‘ng tomonida turgan Iso Masihning O‘zi biz uchun shafoat qilmoqda–ku!
35. Kim bizni Masihning mehr–muhabbatidan ajrata oladi? Azob–uqubatmi, iztirobmi, quvg‘inmi, ochlikmi, yalang‘ochlikmi, xavf–xatarmi yoki qilichmi?
36. Muqaddas Bitiklarda yozilgan–ku: “Sen tufayli har kuni o‘limga duch kelamiz, Bo‘g‘izlanadigan qo‘yday bo‘lib qolganmiz.”
37. Axir, bizni yaxshi ko‘radigan Masih orqali hamma qiyinchiliklar ustidan butunlay g‘alaba qozonamiz.
38. Men aminmanki, o‘lim ham, hayot ham, farishtalaru jinlar ham, hech qanday g‘ayritabiiy kuchlar, hozirgiyu kelgusi hodisalar ham,
39. balandliklaru chuqurliklar ham, yaratilgan hech bir mavjudot bizni Rabbimiz Iso Masih shaxsidagi Xudoning mehr–muhabbatidan judo qilishga qodir emas.
1. Men Iso Masihga tegishli bo‘lganim uchun haqiqatni aytyapman, yolg‘on gapirmayman. Bu haqda vijdonim ham Muqaddas Ruh orqali shahodat beryapti.
2. O‘z xalqim uchun chuqur qayg‘uga botgan yuragim muttasil alam chekmoqda.
3. O‘z qondoshlarim haqi Xudoning lan’ati ostida qolib, Masihdan ajralishga ham rozi bo‘lardim.
4. Ular Isroil xalqidir. Xudo ularni O‘ziga farzand qilib olish uchun tanladi. O‘zining ulug‘vorligini ularga namoyon qilib, ular bilan ahdlar tuzdi. Ularga O‘z qonunini berib, ularni O‘zining xizmatiga tayinladi hamda ularga O‘z va’dalarini berdi.
5. Ular ulug‘ ota–bobolardan kelib chiqqan, Masih ham jismoniy jihatdan Isroil xalqidan kelib chiqqan. Butun borliq ustidan hukmdor bo‘lgan Xudoga abadiy hamdu sanolar bo‘lsin. Omin!
6. Xudo O‘z so‘zida turmadi, demoqchi emasman. Ammo Isroil xalqining hammasi ham Xudoning xalqi emasdir.
7. Shunga o‘xshab, Ibrohimdan tug‘ilganlarning hammasi ham Ibrohimning asl zurriyoti, deb hisoblanmaydi. Axir, Xudo Ibrohimga: “Nasling Is’hoq orqali kelib chiqadi”, deb aytgan–ku!
8. Demak, jismoniy jihatdan Ibrohimning farzandlari bo‘lganlarning hammasi ham Xudoning farzandlari emaslar. Faqatgina Xudo bergan va’daning natijasida dunyoga kelganlar asl zurriyot hisoblanadi.
9. Xudoning Ibrohimga bergan va’dasi quyidagicha edi: “Kelgusi yili shu paytda Men kelaman, xotining Sora o‘g‘il tug‘adi.”
10. O‘sha o‘g‘il bobokalonimiz Is’hoq edi. Vaqti kelib, Is’hoqning xotini Rivqo egizak o‘g‘illarga homilador bo‘ldi.
11. Farzandlar tug‘ilmaslaridan avval, hali birorta yaxshi yoki yomon ish qilmaslaridan oldin
12. Xudo Rivqoga: “Kattasi kichigiga xizmat qiladi”, deb aytgandi. Bu ko‘rsatib turibdiki, Xudo O‘z maqsadini bajarish uchun insonlarni tanlaydi, tanlanish insonlarning ishlariga emas, balki Xudoning da’vatiga bog‘liqdir.
13. Axir, Muqaddas Bitiklarda: “Men Yoqubni yaxshi ko‘rib, Esovdan nafratlandim”, deb yozilgan–ku!
14. Xo‘sh, bunga nima deymiz? Xudo adolatsizmi? Yo‘q, aslo!
15. Xudo Musoga: “Marhamat qiladiganimga marhamat qilaman, shafqat qiladiganimga shafqat qilaman”, deb aytgan.
16. Shunday qilib, Xudoning mehr–shafqati inson xohishi va tashabbusiga emas, balki Xudoning irodasiga bog‘liq.
17. Muqaddas Bitiklarda yozilganiday, Xudo fir’avnga: “Senga qudratimni ko‘rsatay, butun olamga shuhratimni yoyay, deb seni hukmdor qilib tayinladim”, deb aytgan.
18. Xullas, Xudo O‘z xohish–irodasiga ko‘ra ish yuritadi, bir insonga marhamat ko‘rsatadi, boshqa birovning esa yuragini tosh qiladi.
19. Shunda kimdir mendan: “Unda nima uchun Xudo bizni ayblaydi? Axir, kim ham Uning irodasiga qarshi chiqa olardi?”, deb so‘rashi mumkin.
20. Ey inson, sen kim bo‘libsanki, Xudoga gap qaytarsang?! Yaratilgan narsa yaratuvchisidan: “Nima uchun meni bunday qilib yaratding?”, deb so‘raydimi?
21. Axir kulol bir loy qorishmasidan har xil idishlar yasar ekan, ularning ba’zilarini qutlug‘ bayram kunlarida ishlatiladigan qilishga, boshqalarini esa har kuni ishlatiladigan idish qilib qo‘yishga haqi yo‘qmi?
22. To‘g‘ri, Xudo O‘z g‘azabi va qudratini jazo orqali ko‘rsatishga haqlidir. Ammo jazoga mubtalo bo‘ladiganlarning halokatini orqaga surib, sabr– bardosh ko‘rsatsa, nima bo‘pti?
23. Shunday qilib, Xudoning marhamatiga sazovor bo‘lgan va Uning ulug‘vorligini baham ko‘rishga belgilangan odamlarga Xudo O‘z ulug‘vorligining naqadar boy ekanligini namoyon qiladi.
24. Nafaqat yahudiylar orasidan, balki boshqa xalqlar orasidan tanlanganlar qatorida biz ham bormiz.
25. Xo‘sheya kitobida Xudo shunday deb aytgan: “Mening xalqim bo‘lmaganlarni ‘O‘z xalqim’, deb atayman. Oldin sevgilim bo‘lmaganni ‘Sevgilim’, deb aytaman.
26. Ularga: ‘Xalqim emas’, deb aytilgan bo‘lsa, kelajakda ular: ‘Barhayot Xudoning bolalari’, deb ataladi.”
27. Ishayo ham Isroil xalqi haqida shunday degan edi: “Isroil xalqining soni dengiz qumiday ko‘p bo‘lgan bo‘lsa ham, faqatgina ba’zilari qutqarilib, omon qoladi,
28. chunki Egamiz dunyo ustidan chiqargan hukmini to‘la–to‘kis va tezda ijro etadi.”
29. Bulardan oldinroq Ishayo yana shunday deb aytgan edi: “Eh, agarda Sarvari Olam Qoldirmaganda edi bizga zurriyot, Sado‘m shahriga o‘xshab qolgan bo‘lardik, G‘amo‘ra shahriga o‘xshagan bo‘lardik.”
30. Xo‘sh, bular nimani bildiradi?! Xudoning oldida oqlanish payida bo‘lmagan boshqa xalqlar endi imon tufayli oqlandilar.
31. Isroil xalqi esa oqlanish niyatida qonunni bajarish payida bo‘ldilar, lekin maqsadlariga erisha olmadilar.
32. Nima uchun? Chunki ular imon bilan emas, balki qonunni bajarish orqali oqlanishga urindilar. Ular Muqaddas Bitiklarda tasvirlangan Toshga qoqilib yiqildilar.
33. Xudo Muqaddas Bitiklarda shunday deb aytgan edi: “Men Quddusda bir Tosh joylashtiryapman. Ba’zilar unga qoqilib, yiqiladilar, ammo unga tayanganlar sharmanda bo‘lmaydilar.” Bu Tosh Iso Masihdir.
1. Birodarlarim, men o‘z xalqim Isroilningnajot topishini chin dildan istayman va bu uchun Xudoga iltijo qilaman.
2. Axir, o‘zim guvohman: ular jon– jahdlari bilan Xudoga berilganlar, ammo haqiqiy tushunchaga ega emaslar.
3. Xudoning insonlarni oqlash yo‘lini tushunmasdan, o‘zlarini oqlash niyatida, ular Xudoning haq yo‘liga bo‘ysunmadilar.
4. Iso Masih esa qonunning maqsadini amalga oshirdi, shu tariqa hamma imon orqali oqlanadi.
5. Qonun orqali oqlanish haqida Muso quyidagicha yozgan edi: “Ularga rioya qilgan odam hayotdan bahramand bo‘lar.”
6. Imon orqali oqlanish haqida esa Muqaddas Bitiklarda nima deb yozilgan? “Yuragingizda: “Kim osmonga chiqadi? (ya’ni, Masihni olib kelish uchun)”,
7. “Kim tubsiz chuqurlikka tushadi? (ya’ni, Masihni tiriltirish uchun)”, demanglar”, deb yozilgan.
8. Yana quyidagicha yozilgan–ku: “Bu kalom (ya’ni, biz va’z qilayotgan imon haqidagi kalom) sizning yaqiningizdadir, og‘zingizda va yuragingizdadir.”
9. Agar o‘z og‘zingiz bilan Isoni Rabbim, deb e’tirof etib, Xudo Uni o‘likdan tiriltirganiga chin yurakdan ishonsangiz, najot topasiz.
10. Chunki inson qalbida ishonib oqlanadi va og‘zi bilan e’tirof etib najot topadi.
11. Muqaddas Bitiklarda yozilganday: “Unga ishongan hech bir inson sharmanda bo‘lmaydi.”
12. Yahudiylar bilan g‘ayriyahudiylar orasida aslo farq yo‘q. Ularning Rabbiysi bir bo‘lib, Unga iltijo qilganlarning birontasidan O‘z mehr–shafqatini ayamaydi.
13. Axir, “Rabbimizga iltijo qilgan har bir inson qutqariladi”, deb yozilgan–ku.
14. Ammo Rabbimiz Isoga ishonmaganlar qanday qilib Unga iltijo qiladilar?! U haqda eshitmagan bo‘lsalar, qanday qilib Unga ishonadilar? Hech kim ularga Xushxabarni e’lon qilmasa, qanday qilib eshitadilar?!
15. Ular yuborilmasalar, qanday qilib Xushxabarni e’lon qiladilar?! Muqaddas Bitiklarda quyidagicha yozilgan–ku: “Xushxabarni e’lon qilgan xabarchining qadamlari naqadar go‘zal!”
16. Ammo Xushxabarga hamma ham quloq solmadi. Ishayo ham shunday degan–ku: “Ey, Egam, bizning xabarimizga kim ishondi?”
17. Demak, imon tinglashdan, ya’ni Masih haqidagi Xushxabarni eshitishdan kelib chiqadi.
18. Mening bir savolim bor. Xo‘sh, ular eshitmaganmidi? Albatta eshitganlar, chunki “xabarchilarning ovozlari har tomonga tarqaldi, xabarlari olamning chetigacha yetib bordi”, deb yozilgan–ku.
19. Bundan yana bir savol kelib chiqadi. Xo‘sh, Isroil xalqi xabarni tushunmadimi? Muso orqali Xudo shunday degandi: “Men ham xalq bo‘lmaganlar bilan ularning rashkini keltiraman, Aqlsiz bir xalq bilan g‘azabini qo‘zg‘ataman.”
20. Ishayo ham Xudoning so‘zlarini jasorat bilan yetkazgan: “Meni izlamaganlar topdi, Meni so‘ramaganlarga ko‘rindim.”
21. Isroil xalqi haqida esa shunday deydi: “Itoatsiz va o‘jar xalqni Kun bo‘yi quchoq ochib kutdim.”
1. Shunday qilib, yana bir savolim bor. Nahotki Xudo O‘z xalqini rad qilgan bo‘lsa? Yo‘q, aslo! Men o‘zim Isroil xalqidan bo‘lib, Ibrohimning avlodidanman, Benyamin qabilasiga tegishliman– ku!
2. Xudo azaldan tanlab olgan xalqini rad qilgani yo‘q. Muqaddas Bitiklarda Ilyos payg‘ambar haqida nima yozilgani esingizda yo‘qmi?! U Isroil xalqidan shikoyat qilib, Xudoga shunday degan edi:
3. “Ey, Egam, Isroil xalqi qurbongohlaringni buzdi, payg‘ambarlaringni qilichdan o‘tkazdi. Yolg‘iz men qoldim, xolos. Endi jonimni olish uchun meni ham qidirib yuribdilar.”
4. Xudo unga nima deb javob berdi? “Men Isroil xalqidan O‘zim uchun yetti ming odamni qoldirdim, ular Baal oldida tiz cho‘kmagan.”
5. Xuddi shunga o‘xshab, hozir ham Xudoga sodiq qolganlar bor, chunki ular Xudoning inoyati bo‘yicha tanlanganlar.
6. Tanlash insonlarning ishlariga emas, Xudoning inoyatiga bog‘liq. Agar shunday bo‘lmaganda edi, inoyat haqiqiy inoyat bo‘lmas edi.
7. Xullas, bu nimani bildiradi? Isroil xalqi solihlik payida bo‘lsa ham, solihlikka erishmadi. Faqatgina tanlanganlar bu maqsadga erishdi, qolganlarning esa yuraklari tosh bo‘ldi.
8. Muqaddas Bitiklarda yozilganday: “Xudo shu paytgacha ularni qattiq uxlatib qo‘ydi, Ularga ko‘radigan ko‘z, eshitadigan quloq bermadi.”
9. Dovud ham shunday degan: “Dasturxonlari o‘zlariga to‘ru tuzoq bo‘lsin, Shunda ular qoqilib, Jazolarini oladilar.
10. Ko‘z nurlari so‘nsin, ko‘rmayin qolsin, Bellari to abad bukchayib qolsin.”
11. Bundan yana bir savol kelib chiqadi. Yahudiylar qoqilganda, butunlay halok bo‘ldilarmi? Yo‘q, aslo! Aksincha, ular Masihni rad qilganlari uchun g‘ayriyahudiylar najotga ega bo‘ldilar, toki Isroil xalqining rashki qo‘zg‘alsin.
12. Yahudiylar Masihni rad etib, butun dunyoni yanada boyitdilar. O‘zlari yo‘qotgan boylik bilan g‘ayriyahudiylarga foyda keltirdilar. Agar ularning bu gunohi shunday samara keltirgan bo‘lsa, ularning najot topishi qanchalik foyda keltirishini bir tasavvur qilib ko‘ringlar–a!
13. Endi sizlarga — g‘ayriyahudiylarga aytyapman. To‘g‘ri, men sizlarga Xushxabar keltirish uchun yuborilganman. Bu xizmatimni jon– jahdim bilan bajaraman,
14. balki bu xizmatim bilan o‘z qondoshlarim, yahudiylarning rashkini qo‘zg‘atarman, ularning ba’zilarini qutqarib qolarman.
15. Yahudiylarning rad etilishi dunyoni Xudo bilan yarashtirgan bo‘lsa, ularning Xudo tomonidan qabul qilinishi o‘limdan hayotga olib bormaydimi?
16. Birinchi yopilgan non Xudoga bag‘ishlanib muqaddas bo‘lsa, xamirning qolgani ham muqaddasdir. Agar tomirlar muqaddas bo‘lsa, novdalar ham muqaddasdir.
17. Ba’zi yahudiylar daraxtning sindirib tashlangan novdalariga o‘xshaydilar. Sizlar — g‘ayriyahudiylar esa tabiiy novdalar orasiga payvand qilingan yovvoyi zaytun novdalariga o‘xshaysizlar. Endi ular bilan birga bir tomirdan oziqlanyapsizlar.
18. Shunday ekan, boshqa novdalarga qarab maqtanmanglar. Agar juda kekkayib ketsangizlar, yodga olinglar, sizlar tomirni emas, balki tomir sizlarni oziqlantiryapti.
19. Ehtimol sizlar: “Biz payvand qilinishimiz uchun novdalar sindirildi”, — dersizlar.
20. To‘g‘ri, lekin esingizda bo‘lsin: ular ishonmaganlari uchun sindirib tashlandilar, ammo sizlar imoningiz orqali payvand qilingansiz. Shuning uchun kekkayib ketmanglar, balki Xudodan qo‘rqinglar.
21. Yo‘qsa, Xudo tabiiy novdalarni ayamagani kabi, sizlarni ham ayamaydi.
22. Shunday qilib, Xudoning mehribonligi va qattiqqo‘lligi haqida o‘ylab ko‘ring: Xudoning najotini rad qilganlarga U qattiqqo‘llik qildi, sizlarga — payvand qilinganlarga esa U mehribonlik ko‘rsatdi. Agar Xudoga sodiq qolsangiz, Uning mehribonligidan bahramand bo‘laverasiz. Bo‘lmasa, Xudo sizlarni ham kesib tashlaydi.
23. Najotni rad qilganlar o‘z imonsizliklarini bas qilsalar, payvand qilinadilar. Xudo ularni qayta payvand qilib qo‘yishga qodir.
24. Axir, sizlar yovvoyi zaytun daraxtidan kesib olinib, parvarishlangan zaytun daraxtiga, tabiatga xilof ravishda payvand qilindingiz. Shunday ekan, ular — tabiiy novdalar, o‘zlarining daraxtlariga qanday osonlik bilan qayta payvand qilinadilar–a!
25. Birodarlarim, sizlar tag‘in o‘zbilarmon bo‘lib ketmanglar, deb bu sirni sizlarga bildirmoqchiman: g‘ayriyahudiylar orasidan belgilangan sondagilar najot topmaguncha, Isroil xalqining ba’zilari o‘jar bo‘lib qolaveradilar.
26. Shundan keyin, butun Isroil qutqariladi. Muqaddas Bitiklarda Xudo shunday degan–ku: “Qutqaruvchi Quddusdan keladi, Yoqub naslidan betavfiqlikni yo‘q qiladi.
27. Ular bilan qilgan ahdim mana shudir: Men ularni gunohlaridan forig‘ qilaman.”
28. Xushxabarni rad qilib, yahudiylar Xudoning dushmanlari bo‘lib qoldilar, bu sizlar — g‘ayriyahudiylarga foyda keltirdi. Ammo Xudo yahudiylarni tanlagani uchun, ularning ota– bobolari haqi hali ham ularni yaxshi ko‘radi.
29. Chunki Xudo bergan in’omlarini qaytarib olmaydi va O‘zi da’vat qilgan xalqidan voz kechmaydi.
30. Siz — g‘ayriyahudiylar ham bir vaqtlar itoatsiz edingiz, ammo endi Xudo sizlarga mehr–shafqat ko‘rsatdi. Bu yahudiylarning itoatsizligi natijasida sodir bo‘ldi.
31. Endi esa yahudiylar itoatsiz bo‘lib qoldilar, ammo sizlarga ko‘rsatilgan mehr–shafqat tufayli ular ham mehr– shafqat topadilar.
32. Hammaga mehr ko‘rsatay, deb Xudo hammani itoatsizlikka tutqun qildi.
33. Xudoning donoligiyu bilimi naqadar boy va chuqurdir! Uning hukmlarini kim tushunib yetar?! Uning yo‘llarini kim sinchiklab tekshira olar?!
34. Kim Egamizning fikr–zikrini bila olar?! Kim Unga maslahat bera olar?!
35. Kim Xudoga shunday hadya berganki, Xudo undan qarzdor bo‘lsa?!
36. Hech kim! Chunki butun borliq Xudodan kelib chiqqan, Xudo orqali va Xudo uchun mavjuddir! Unga to abad shon–sharaflar bo‘lsin! Omin.
1. Shunday qilib, ey birodarlarim, Xudoning marhamati haqi sizlarga yolvoraman. O‘z tanangizni tirik, muqaddas va Xudoga manzur bo‘ladigan qurbonlik sifatida bag‘ishlang. Mana shu Xudoga loyiq bo‘lgan asl xizmatdir.
2. Bu dunyoga moslashmanglar, fikr–zikringizni yangilab, tubdan o‘zgaringlar. Shunda Xudoning irodasini tushuna oladigan bo‘lasiz, ya’ni nima yaxshi, Xudoga manzur va mukammal ekanligini bila oladigan bo‘lasiz.
3. Menga berilgan inoyatdan foydalanib, sizlarga aytyapman. O‘zingizga haddan tashqari yuqori baho bermanglar. Aksincha, Xudo har bir kishiga qancha imon bergan bo‘lsa, shunga ko‘ra fikr qilib, aqli raso odamlar bo‘linglar.
4. Axir, tanamiz bir bo‘lsa–da, tana a’zolari ko‘p, ammo tana a’zolarining vazifasi ham bir xil emas.
5. Shunga o‘xshab, biz — Masihga tegishli bo‘lganlar, bir tanani tashkil qilamiz. Har birimiz har xil a’zolar bo‘lib, bir–birimizga bog‘liqmiz.
6. Bizga berilgan inoyat bo‘yicha har birimizning har xil in’omlarimiz bor. Agar birortasida Xudoning so‘zini boshqalarga yetkazish in’omi bo‘lsa, u e’tiqodimizga muvofiq ravishda gapirsin.
7. Agar birorta odamga xizmat qilish in’omi berilgan bo‘lsa, u xizmat qilsin, agar birortasiga muallimlik in’omi berilgan bo‘lsa, u ta’lim bersin.
8. Agar insonga dalda berish in’omi berilgan bo‘lsa, u dalda bersin, beg‘araz yordam beradigan bo‘lsa, saxiylik bilan bersin. Yetakchilik qiladigan odam qunt bilan yetakchilik qilsin, mehr–shafqat ko‘rsatadigan odam xursandchilik bilan ish tutsin.
9. Bir–biringizga bo‘lgan mehr–muhabbatingiz samimiy bo‘lsin. Yomonlikdan nafratlanib, yaxshilikni mahkam tuting.
10. Bir-biringizni birodarlarcha, chuqur muhabbat bilan yaxshi ko‘ring. Bir–biringizni hurmat qilib, o‘zingizdan yuqori ko‘ring.
11. G‘ayratingiz susaymasin, butun qalbingiz bilan RabbimizIsoga xizmat qiling.
12. Umidingiz borligi uchun xursand bo‘ling. Qiyinchilikda sabr–toqat qiling. Ibodat qilishdan charchamang.
13. Muhtojlikda bo‘lgan birodarlarga yordam bering, doimo mehmondo‘st bo‘ling.
14. Sizlarni quvg‘in qilayotganlarni duo qilinglar, ularni qarg‘amanglar.
15. Sevinayotganlar bilan birga sevininglar, yig‘layotganlar bilan birga yig‘langlar.
16. O‘zaro hamfikr bo‘linglar. Takabburlik qilmay, bechora hamda past tabaqali odamlar bilan do‘st bo‘ling. O‘zbilarmonlik qilmanglar.
17. Hech kimga yomonlik evaziga yomonlik qaytarmanglar, odamlar yaxshilik deb bilganlarni qilishga intilinglar.
18. Agar iloji bo‘lsa, qo‘lingizdan kelganicha, barcha odamlar bilan tinch-totuv hayot kechiringlar.
19. Azizlarim, o‘zingiz uchun o‘zingiz qasos olmang, balki Xudoning g‘azabiga yo‘l qo‘yib bering. Axir, Muqaddas Bitiklarda Egamiz shunday deb aytgan– ku: “Men O‘zim qasos va o‘ch olaman.”
20. Muqaddas Bitiklarda yozilganiday qiling: “Dushmaning och bo‘lsa, ovqat ber, Chanqagan bo‘lsa, suv ichir. Shunda uning boshiga yonayotgan cho‘g‘ yiqqanday bo‘lasan.”
21. Yomonlik sizni mag‘lub qilmasin, aksincha siz yomonlikni yaxshilik bilan mag‘lub eting.
1. Har bir inson o‘zining ustidan hukmron bo‘lgan hokimiyatga bo‘ysunsin. Chunki Xudo buyurmagan hokimiyat yo‘q, mavjud bo‘lgan har bir hokimiyatni esa Xudo tayin etgan.
2. Shuning uchun hokimiyatga qarshilik ko‘rsatgan odam Xudo o‘rnatgan tartibga qarshi chiqqan bo‘ladi. Qarshilik qiluvchilar esa o‘zlarini o‘zlari hukmga duchor qiladilar.
3. Yaxshilik qilganlar emas, yomonlik qilganlar hukmronlardan qo‘rqishlari kerak. Hokimiyatdan qo‘rqmaslikni istaysanmi? Unda yaxshilik qilib yur, shunda boshliqning maqtoviga sazovor bo‘lasan.
4. Chunki boshliqlar odamlarning manfaati uchun Xudoning xizmatidadirlar. Yomon ish qilayotgan bo‘lsang, qo‘rqqin, chunki jazo berish qudrati boshliqlarga bekorga berilmagan. Ular yomonlik qiluvchilarga jazo berib, Xudoning g‘azabini ko‘rsatadigan Xudoning xizmatkorlaridir.
5. Shuning uchun faqatgina g‘azabga duchor bo‘lmaslik niyatida emas, balki vijdon haqi ham boshliqlarga bo‘ysunish kerak.
6. Mana shu sababdan soliq ham to‘lash lozim. Chunki amaldorlar o‘z vazifalarini bajarib, Xudoga xizmat qiladilar.
7. Ularga nima tegishli bo‘lsa, shuni bering: soliq yig‘uvchiga — soliq, boj oluvchiga — boj, obro‘ga loyiq bo‘lganga — obro‘, hurmatu ehtiromga loyiq bo‘lganga — hurmat–ehtirom.
8. Hech kimdan hech narsa qarzdor bo‘lmanglar. Faqat mehr–muhabbatni ham farz, ham qarz, deb bilinglar, chunki o‘zgani yaxshi ko‘rgan odam Xudoning qonunini bajargan bo‘ladi.
9. Axir, “Zino qilmang”, “Qotillik qilmang”, “O‘g‘irlik qilmang”, “Birovlarning mulkiga ko‘z olaytirmang”, degan va qolgan hamma amrlar quyidagi bir amrda mujassam–ku: “O‘zgani o‘zingizni sevganday seving.”
10. Chunki o‘zgani yaxshi ko‘rgan odam unga yomonlik qilmaydi. Shunday qilib, boshqalarni yaxshi ko‘rish Xudoning qonunini to‘liq bajarish bilan barobardir.
11. Hozirgi vaqtni g‘animat, deb bilinglar. Mana, uyqudan uyg‘onadigan paytingiz yetib keldi. Biz imon keltirgan paytdan ko‘ra, hozirgi vaqtda najotimizning to‘la ro‘yobga chiqishi yaqinroqdir.
12. Tun o‘tib ketib, kunduz yaqinlashib qoldi. Shuning uchun qorong‘ilik ishlaridan voz kechib, nurga loyiq ishlarni qilishga bop bo‘lgan qurol– aslahalarni taqib olinglar.
13. Shahvatparastlik va fisq–fujurga berilmay, janjalkashlik va hasadgo‘ylik qilmasdan, aysh-ishrat va ichkilikbozlik bilan emas, kunduzga yarasha, odob bilan kun kechiraylik.
14. Rabbimiz Iso Masihga burkaninglar va bashariy tabiatingizning ehtiroslarini qondirishni hatto xayolingizga ham keltirmanglar.
1. Imoni sust bo‘lganlarni imonlilar qatoriga qabul qiling, ularning fikrlari haqida bahslashmang.
2. Zero, ba’zilar hamma narsani tanovul qilib bo‘ladi, deb ishonadi, ba’zi imoni sustlar esa faqat sabzavot yeydi.
3. Hamma narsani yeydigan odam, har qanday narsani yemaydigan odamdan nafratlanmasin. Shuningdek, har narsani ham yeyavermaydigan odam, hamma narsani yeydigan odamni hukm qilmasin, chunki Xudo uni imonlilar qatoriga qabul qilgan.
4. Sen kim bo‘libsanki, birovning xizmatkorini tergaysan? Xizmatkorning to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ish qilganini uning xo‘jayini tasdiqlaydi–ku! Xo‘jayin xizmatkorni boshqargani uchun xizmatkor to‘g‘ri ish qiladi, bu xo‘jayin Rabbimiz Isodir.
5. Ayrim odamlar bir kunni boshqa kundan ustunroq hisoblaydi, yana boshqa bir odamlar esa kunlarning hammasini baravar, deb hisoblaydilar. Har bir kishi o‘z fikrida mahkam tursin.
6. Biror kunni boshqasidan ustun, deb bilgan odam Rabbimiz Isoni ulug‘lash uchun shunday qiladi. Hamma narsani yeyish mumkin, deb bilgan odam ham Rabbimizni ulug‘lash uchun shunday fikrlaydi, chunki ovqati uchun u Xudoga shukr aytadi. Har narsani yemaydigan odam ham Rabbimizni ulug‘lash uchun shunday qiladi, u ham ovqati uchun Xudoga shukr aytadi!
7. Zero, hech birimiz faqat o‘zimiz uchun yashamaymiz, faqatgina o‘zimiz uchun o‘lmaymiz.
8. Axir, yashasak, hayotimiz bilan Rabbimiz Isoga shuhrat keltiramiz, o‘lsak ham, o‘z o‘limimiz bilan Rabbimizga shuhrat keltiramiz. Demak, yashasak ham, o‘lsak ham, Rabbimizga tegishlimiz.
9. Masih o‘liklarning hamda tiriklarning Rabbiysi bo‘lish uchun o‘ldi va o‘likdan tirildi.
10. Shunday ekan, nima uchun birodaringizni hukm qilyapsiz? Nima uchun birodaringizdan nafratlanyapsiz? Axir, hammamiz Xudoning hukm kursisi oldida turib, javob beramiz–ku!
11. Muqaddas Bitiklarda shunday yozilgan: “Egamiz shunday demoqda: ‘Men barhayot Xudo bo‘lganim haqi aytamanki: Mening oldimda har bir tizza cho‘kka tushadi, Har bir til Menga hamdu sano aytadi.’”
12. Demak, har birimiz Xudoning oldida o‘zimiz uchun javobgarmiz.
13. Shuning uchun endi bir–birimizni hukm qilmaylik. Aksincha, birodarlaringizning yo‘liga g‘ov qo‘ymaslikka, uni vasvasaga solmaslikka qaror qilinglar.
14. Men Rabbim Isoga tegishli bo‘lganim uchun qat’iy aminmanki, hech bir narsa o‘z–o‘zidan harom emas. Ammo kimdir biror narsani harom hisoblasa, o‘sha narsa u uchun haromdir.
15. Agar sizlar biror narsa yeb, birodaringizni xafa qilayotgan bo‘lsangiz, mehr– muhabbat bilan ish tutmayotgan bo‘lasiz. Masih bu odam uchun o‘lgan, yegan ovqatingiz bilan o‘sha odamni halokatga yo‘liqtirmang.
16. Siz yaxshi deb bilgan narsa haqida boshqalar yomon gap gapirmasin.
17. Xudoning shohligi ovqat va ichimlikdan emas, balki Muqaddas Ruh ato qiladigan solihlik, tinchlik va quvonchdan iborat.
18. Masihga shu tarzda xizmat qilgan odam Xudoni ham mamnun qiladi, insonlarning ham maqtoviga sazovor bo‘ladi.
19. Shuning uchun o‘zaro tinch–totuv yashash va bir–birimizning imonimizni mustahkamlash harakatida bo‘laylik.
20. Yegulikni deb, Xudoning ishiga putur yetkazmanglar! To‘g‘ri, hamma narsa halol, ammo biror narsani yeb, birodarini vasvasaga solgan odam noto‘g‘ri ish tutgan bo‘ladi.
21. Go‘sht yeyish, sharob ichish yoki shunga o‘xshash ishlar birorta birodarni vasvasaga solayotgan bo‘lsa, bularni qilmaslik yaxshidir.
22. Bu masaladagi fikringizni Xudoning O‘zi hukm qilsin. Tutgan yo‘lini hukm qilmagan odam baxtiyordir.
23. Biror narsani yeyish haqida ikkilanib turib, baribir yeyishga qaror qilgan odam hukmga duchor bo‘lishi muqarrar, chunki u o‘z ishonchiga ko‘ra ish tutmagan bo‘ladi. Ishonchga asoslanmasdan qilingan har bir ish esa gunohdir.
1. Biz, imoni kuchlilar, o‘zimizni mamnun qilishni ko‘zlamasdan, imoni sust bo‘lgan birodarlarning ojizligiga sabr–bardosh qilishimiz kerak.
2. Har birimiz o‘zganing manfaatini ko‘zlab, unga dalda berish niyatida uni mamnun qilish harakatida bo‘laylik.
3. Hattoki Masih ham O‘zini mamnun qilishni ko‘zlamagan, zero, Muqaddas Bitiklarda yozilganiday: “Seni haqoratlaganlar meni haqorat qilgan bo‘lar.”
4. Qadimgi Bitiklarda nimaiki yozilgan bo‘lsa, bizning ta’lim olishimiz uchun yozilgan. Biz bu Bitiklardan sabr va tasalli topib, umidimizda mahkam turishimiz lozim.
5. Sabr va tasalli manbayi bo‘lgan Xudoning O‘zi esa Iso Masihning shogirdlariga mos ravishda bir– biringiz bilan hamfikr bo‘lishni sizlarga ato qilsin.
6. Shunda sizlar yakdillik bilan, bir ovozda Rabbimiz Iso Masihning Otasi — Xudoni ulug‘laysizlar.
7. Masih sizlarni o‘z birodarlariday qabul qilgani kabi, sizlar ham bir–biringizni birodarlarday qabul qiling. Shunday qilish Xudoga shuhrat keltiradi.
8. Men sizlarga aytyapman: Xudoning ota– bobolarimizga bergan va’dalarini bajarib, Uning sodiqligini ko‘rsatish niyatida Iso Masih yahudiylarning xizmatkori bo‘lib keldi.
9. Masihning kelishidan yana bir maqsadi shu ediki, g‘ayriyahudiylar ham Xudoning mehr–shafqati uchun Uni ulug‘lasinlar. Muqaddas Bitiklarda yozilganiday: “Xalqlar ichra Senga hamdlar ayturman, Sening ismingni kuylab sano ayturman.”
10. Yana boshqa joyda shunday yozilgan: “Ey ellar, Uning xalqi bilan shodlaning.”
11. Yana shunday deb ham yozilgan: “Ey barcha xalqlar, Egamizga hamdu sanolar bo‘lsin! Ey jamiki elatlar, Uni olqishlanglar!”
12. Ishayo kitobida ham quyidagicha yozilgan: “Essay tomiridan bir Zot kelib chiqar, U xalqlar ustidan hukmronlik qilar, Xalqlar esa Unga umid bog‘laydilar.”
13. Imon yo‘lidan yurar ekansiz, umid manbayi bo‘lgan Xudo qalbingizni sevinch va tinchlikka to‘ldirsin, shunda sizlar Muqaddas Ruhning kuchi ila umidga boy bo‘lasizlar.
14. Ey birodarlarim, men aminmanki, sizlar ezgulikka va ilm–ma’rifatga boysizlar, bir– biringizga pand–nasihat qilishga qodirsizlar.
15. Shuning uchun, ba’zi bir narsalarni eslatay deb, sizlarga bu xatni yozishga jur’at qildim, chunki men Xudoning inoyati bilan
16. Iso Masihning xizmatkori etib tayinlanganman. Xudoning Xushxabarini aytib, ruhoniy sifatida g‘ayriyahudiylarga xizmat qilmoqdaman. Buning natijasida, g‘ayriyahudiylar Xudoga manzur bo‘ladigan, Muqaddas Ruh orqali tabarruk qilingan qurbonlikday Xudoga tortiq etilmoqdalar.
17. Shunday qilib, Iso Masih tufayli Xudoning yo‘lida qilgan ishlarim bilan maqtansam bo‘ladi.
18. Kuchli mo‘jizalaru alomatlar bilan, mening aytganlarim va qilganlarim orqali Masih g‘ayriyahudiylarni Xudoga itoat qilish yo‘liga boshladi. Ammo Iso Masihning men orqali qilgan ishlaridan boshqa narsalar haqida gapirishga jur’at etmayman, chunki bularning hammasi Xudo Ruhining qudrati ila sodir bo‘ldi.
19. Shunday qilib, men Quddusdan boshlab, to Illiriya hududiga qadar Masihning Xushxabarini yoyib, o‘z vazifamni bajardim.
20. Shu bilan birga, men boshqalarning poydevori ustiga bino qurmayin, deb hali Masihning nomi ovoza qilinmagan yerlarda Xushxabarni yoyish uchun jon kuydiryapman.
21. Muqaddas Bitiklarda yozilganiday: “U haqda xabarsiz bo‘lganlar endi ko‘radilar, U haqda eshitmaganlar endi anglab yetadilar.”
22. Xushxabarni yoyish xizmatim tufayli anchadan beri sizlarning oldingizga bora olganim yo‘q.
23. Endi esa bu joylarda menga boshqa ish qolmagan. Men ko‘p yillardan beri sizlarni ko‘rishni orzu qilaman.
24. Shuning uchun Ispaniyaga borayotganimda, yo‘lda sizlarni ko‘rib o‘taman. Oz bo‘lsa–da, diydoringizga to‘yganimdan keyin, yo‘limda davom etishim uchun kerakli bo‘lgan muhtojliklarimni qondirarsizlar, degan umiddaman.
25. Hozircha men Xudo azizlariga yordam bergani Quddusga ketyapman.
26. Chunki Makedoniya va Axayadagi birodarlar mablag‘ yig‘ib, Quddusdagi kambag‘al birodarlarga yordam berishga qaror qildilar.
27. Buni ham qarz, ham farz, deb bilganlari uchun, xursandchilik bilan shunday qildilar. Axir, g‘ayriyahudiylar yahudiylar tufayli ruhiy ne’matlarga sazovor bo‘ldilar–da, shuning uchun ular o‘z moddiy boyliklarini yahudiylar bilan baham ko‘rishni loyiq topdilar.
28. Men bu ishni bajarib, to‘plangan mablag‘ni ularga topshirganimdan keyin, sizlarning oldingizda to‘xtab o‘taman. So‘ngra Ispaniyaga ketaman.
29. Aminmanki, men sizlarni ko‘rishga borganimda, biz birgalikda Masih Xushxabari keltiradigan qut– barakalarni to‘liq baham ko‘ramiz.
30. Ey, birodarlarim, Rabbimiz Iso Masih va Muqaddas Ruh ato qiladigan mehr–muhabbat haqi sizlarga yolvoraman: men uchun birgalikda Xudoga ibodat qilaylik.
31. Yahudiyadagi imonsizlarning qo‘lidan qutulushim uchun va Quddusdagi xizmatim u yerdagi Xudoning azizlariga ma’qul bo‘lishi uchun ibodat qilinglar.
32. Xudo xohlasa, men shod–xurramlik bilan sizlarning oldingizga boraman, sizlar bilan birga bo‘lganimdan qalbim orom topadi.
33. Tinchlik manbayi bo‘lgan Xudo hammangizga yor bo‘lsin. Omin!
1. Men Kenxreya shahridagi jamoatda xizmat qilayotgan opamiz Fivani sizlarga tanishtiray.
2. Sizlar Xudoning azizlarisiz, shuning uchun Rabbimiz Iso haqi Fivani mehmondo‘stlik bilan qabul qilinglar. U nimaga muhtoj bo‘lsa, yordam beringlar. Zero, u ko‘plarga, ayniqsa menga ko‘p yordam ko‘rsatgan.
3. Priskilla va Akilga salom ayting, ular men qatori Iso Masihning xizmatidalar.
4. Ular mening jonimni asrab qolish uchun o‘zlarini o‘lim xavfi ostiga qo‘ydilar. Nafaqat men, balki g‘ayriyahudiylardan iborat bo‘lgan jamoatlar ham ulardan minnatdorlar.
5. Ularning uyida yig‘iladigan jamoatga ham salom aytib qo‘yinglar. Asiya o‘lkasidagilar orasida birinchi bo‘lib Masihga imon keltirgan aziz do‘stim Yepenetga salom ayting.
6. Sizlar uchun ko‘p mehnat qilgan Maryamga salom aytinglar.
7. Birodarimiz Andronik va opamiz Yuniyaga salom aytinglar. Ular men bilan birga hibsda bo‘lgan qondoshlarim. Bu obro‘li havoriylar mendan oldin Masihga imon keltirgan edilar.
8. Rabbimiz Iso tufayli mening aziz do‘stim bo‘lib qolgan Ampliatga salom ayting.
9. Masih xizmatida hamkorimiz bo‘lgan Urban va aziz do‘stim Staxisga salom ayting.
10. Masihga sodiqligini isbotlagan Apellisga salom ayting. Aristovul xonadoniga ham salom aytib qo‘ying.
11. Qondoshim Hirodionga salom ayting. Narkis xonadonidagi Rabbimiz Isoga tegishli bo‘lganlarga ham salom aytib qo‘ying.
12. Rabbimizga jonu dillari bilan xizmat qilayotgan opalarimiz Trifena bilan Trifosaga salom aytinglar. Rabbimizga astoydil xizmat qilayotgan aziz opamiz Persisaga ham salom ayting.
13. Rabbimizning tanlangan xizmatkori Rufusga va menga onaday bo‘lib qolgan uning onasiga ham salom ayting.
14. Asinkrit, Flegon, Hermes, Patrovas, Harmaslarga va ular bilan birga bo‘lgan birodarlarga salom aytinglar.
15. Filalogus bilan Yuliyaga, Nirey va uning singlisiga, Olimpas hamda ular bilan birga bo‘lgan barcha aziz birodarlarga salom aytinglar.
16. Bir– biringiz bilan o‘pishib ko‘rishinglar. Barcha Masih jamoatlari sizlarga salom yo‘llayaptilar.
17. Sizlarga yolvoraman, olgan ta’limotingizdan aynitib, orangizga nizo va g‘ulg‘ula soladigan odamlardan ehtiyot bo‘linglar. Ulardan o‘zingizni olib qochinglar.
18. Axir bunday odamlar Rabbimiz Iso Masihning emas, balki o‘z nafslarining qulidirlar. Ular shirin so‘zlaru xushomadgo‘ylik bilan sofdil insonlarni yo‘ldan ozdiradilar.
19. Sizlarning Xudoga bo‘lgan itoatkorligingiz hammaga ma’lum. Men sizlardan juda xursandman, ammo yaxshilikka kelganda dono, yomonlikka kelganda esa norasida bo‘lishingizni istayman.
20. Tinchlik manbayi bo‘lgan Xudoning O‘zi tez orada shaytonni oyoqlaringiz ostida ezib tashlaydi. Rabbimiz Isoning inoyati sizlarga yor bo‘lsin.
21. Mening hamkorim Timo‘tiy hamda qondoshlarim Lutsiy, Yason va Sosipatrlar sizlarga salom yo‘llayaptilar.
22. Bu maktubni qog‘ozga tushirayotgan, Rabbimizning quli men — Tertiydan ham sizlarga salom.
23. Butun jamoatga mehmondo‘stlik ko‘rsatadigan va hozirda mening mezbonim bo‘lgan Gayus sizlarga salom aytyapti. Shaharning xazinadori Yerast va birodarimiz Kvart ham salom yo‘llayaptilar.
24. Rabbimiz Iso Masihning inoyati hammangizga yor bo‘lsin.
25. Men bayon qilayotgan Xushxabarga, ya’ni Iso Masihning Xushxabariga binoan sizlarni imonda sobitqadam qilishga qodir bo‘lgan Xudoga hamdu sanolar bo‘lsin! Bu Xushxabar qadimdan sir tutilgan edi, endi esa u ochildi.
26. Ha, bu sir oshkor qilindi va payg‘ambarlarning bitiklari orqali, Xudoning amri bo‘yicha barcha xalqlarga ayon bo‘ldi, toki ular ham imon orqali Xudoga itoatkor bo‘lsinlar.
27. Donolik sohibi bo‘lgan yagona Xudoga Iso Masih orqali to abad shon–sharaflar bo‘lsin! Omin!



YouTube kanaliga xush kelibsiz!




► Uzbek tilida Muqaddas Kitob Injil (YANGILANGAN AUDIO KITOB)


Muqaddas Kitob



AJOYIB KITOBNI O'QING Muqaddas Kitob. Tavrot, Zabur, Injil
Tavrot | Zabur | Injil (+audio)
Muqaddas Kitob  Muqaddas Kitob APP
Yuklab olish - Muqaddas Kitob O'zbek tilida Injil (latin 27mb .pdf)
Скачать - Муқаддас Китоб (Инжил) (кирилл 26mb .PDF)
Муқаддас Китоб (катта шрифтли нусхаси) (кирилл 38mb .PDF)

MUQADDAS KITOB
1. Eng ko'p o'qiladigan kitob - har yili taxminan 80 million nusxada nashr etiladi
2. Muqaddas Kitob 1600 yil davomida 40 dan ortiq mualliflar tomonidan yozilgan va hech qanday qarama-qarshiliklarga ega emas.
3. Injil uch tilda (ibroniy, yunon va oromiy) va uchta qit'ada yozilgan.
4. Muqaddas Kitob toʻliq yoki qisman 2377 til va dialektga tarjima qilingan.

Xush kelibsiz!

Яхши аудио Китоблар
Audiokitoblar Uzbek tilida


Kinolar va Multiklar
Kinolar Uzbek tilida


Audiokitob - Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd
Audiokitob Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd


Аудио Кутубхона
Audiokitob Uzbek tilida

Telegram bot: @audio_kito_bot
Kanal: @kitoblar_elektron_uz


Qaysi kitoblarni tinglashni istaysiz?
Qaysi kitoblarni tinglashni istaysiz?

docs.google.com/forms


Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

Matto Muqaddas xushxabar  Mark Muqaddas xushxabar  Luqo Muqaddas xushxabar  Yuhanno Muqaddas xushxabar  Havoriylarning faoliyati  Yoqubning maktubi  Butrusning birinchi maktubi  Butrusning ikkinchi maktubi  Yuhannoning birinchi maktubi  Yuhannoning ikkinchi maktubi  Yuhannoning uchinchi maktubi  Yahudoning maktubi  Rimliklarga maktub  Korinfliklarga birinchi maktub  Korinfliklarga ikkinchi maktub  Galatiyaliklarga maktub  Efesliklarga maktub  Filippiliklarga maktub  Kolosaliklarga maktub  1-Salonikaliklarga  2-Salonikaliklarga  Timo'tiyga birinchi maktub  Timo'tiyga ikkinchi maktub  Titusga maktub  Filimo'nga maktub  Ibroniylarga maktub  Yuhannoga ko'rsatilgan vahiy


Sharhlar

...ҳар куни — байрамнинг биринчи кунидан охирги кунигача Худонинг Таврот китобидан ўқиб берди...

...kunidan oxirgi kunigacha Xudoning Tavrot kitobidan o‘qib berdi...
Naximiyo 8:18


Yaxshi audio kitoblarni yuklab oling uzbek tilidagi

911. Xudoning irodasini izlash (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. Haqiqiy sevgini izlash (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. Rejalashtirilmagan homiladorlik (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. O'z joniga qasd qilish haqidagi fikrlar (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. Jinsiy zo‘rlanish (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. Ota-onaning ajralishi (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. Nizolar (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. Yaqin insonning vafot etishi (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    Сенинг Чўққиларинг томон йўл (Ханна Харвард)    Фаришталар ҳам сукут сақлаган эдилар (Макс Лукадо)    Худонинг Буюклиги (Эйден Тозер)    Яраланган юрак (Дэн Аллендер)    Худонинг Муқаддаслиги (Роберт Спраул)    Фарзандингиз учун қай тариқа чўпон бўлиш мумкин? (Тед Трипп)    Энага яна ёрдамга шошади (Мишель Лароу)  Сандон устида (Макс Лукадо)    Гувохлик ва биография (Николай Бойко Ерофеевич)    Турмуш ўртоғингиз нотўғри ёъл тутганда, Сиз тоғри ёъл тудинг (Лесли Верник)    Матонат соҳиби (Джош Макдауелл)    Бахтли оила (Абдулла Рашидов)    Zamonamiz durdonasi (Nikolay Boyko)    Худди Исо Каби (Макс Лукадо)    Уни Нажоткор деб аташлари таажжубли эмас (Макс Лукадо)    Дарбадар ўгилнинг қайтиши (Генри Нувен)    Худо жуда яқин келди (Макс Лукадо)    Эски Аҳд аёллари ҳақида вазлар (Чарлз Спержен)    Iso bizning taqdirimiz (Vilgelm Bush)    Сиз осмонда қилолмайдиган иш (Марк Кехилл)    Дарбадар ўғил (Чарлз Спержен)    Ҳомиладорлигим кундалиги (Вера Самарина)    Иброҳимнинг оиласи: парчаланган шажарани шифолаш (Дон Мак-Керри)    Зулматдаги нур (Доктор Джеймс ва Ширли Добсон)    Митти Тиллақўнғиз ва Серқуёш ўтлоқзор аҳолиси (Майя Огородникова)    Подшоҳнинг сири  (Урусла Марк)    Яна қароқчилар қўлидами? (Урусла Марк)    Қароқчиларникидай  эмас (Марк Урусла)    Эътиқод уфқлари (Георгий Винс)    (Биродар Андрей ва Алекс Янсен) Сирли масиҳийлар    Масиҳийлик таълимоти асослари (Роберт Спраул)    Ҳаёт бўронларига бардош беринг (Пол Эстебрукс)    Абадийликка ишонаман (Николай Ерофеевич Бойко)    Ўсмир ибодатининг кучи (Сторми Омартиан) kitob Uzbek tilida    Чегарасиз хает (Ник Вуйчич) kitob Uzbek tilida    Севимли инсоннинг ҳаёти (Генри Нувен) kitob Uzbek tilida    Довюраклар (Макс Лукадо) kitob Uzbek tilida    Бирга қилинган ибодатнинг қудрати (Сторми Омартиан) kitob Uzbek tilida    Хузур халоват амрлари (Джон Макартур) kitob Uzbek tilida    Саботли инсон (Джош Макдауелл) kitob Uzbek tilida    Shijoatkor (Nik Vuychich) kitob Uzbek tilida    Мақсад Сари Йўналтирилган Ҳаёт (Рик Уоррен) kitob Uzbek tilida    Чалғитиш номли душман (Джон Мэйсон) kitob Uzbek tilida    Мафтункор Гўзаллик (Джон ва Стейси Элдридж) kitob Uzbek tilida    Севги ва ҳурмат (Эмерсон Эггерих) kitob Uzbek tilida    Ayollar... (Nensi Demoss) kitob Uzbek tilida    Хакиат асоси (Джон Стотт) kitob Uzbek tilida    ИБОДАТГЎЙ АЁЛНИНГ КУЧИ (СТОРМИ ОМАРТИАН) kitob Uzbek tilida    ТЎҒРИ ҚАРОР (Джош ва Дотти Макдауэлл) kitob Uzbek tilida    Нега? (Филип Янси) kitob Uzbek tilida    Hayotdagi yetakchilik va ijodiy salohiyat (Rik Joyner) kitob Uzbek tilida    Ishayo 53 sharxlar (Mitch Gleyzer) kitob Uzbek tilida    Xudoga qay tarzda manzur bolish mumkin (Robert Charlz Spraul) kitob Uzbek tilida    Mukaddas ruxning siri (Robert Charlz Spraul) kitob Uzbek tilida    Ota-ona ibodatining kuchi (Stormi Omartian) kitob Uzbek tilida    Muhabbat tilsimi (Djosh Makdauell) kitob Uzbek tilida  Xudoning qalbiga mos erkak (Jim Jorj) kitob Uzbek tilida    Bolaning nazaridagi qahramon (Djosh Makdauell) kitob Uzbek tilida    G‘alamisning xati (Klayv Steyplz Lyuis) kitob Uzbek tilida    Dolzarb Savollarga Javoblar (James Paker) kitob Uzbek tilida    kitob Uzbek tilida    kitob Uzbek tilida    kitob Uzbek tilida    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Bolalar Audiokitob Uzbekcha    Bolalar kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida  Hamdu Sanolar Uzbekcha    Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musika



Kitobook – Kitoblar, AudioKitoblar: Инжил ва Muqaddas Kitob ва Инжил Каракалпак