Klayv Styeyplz Lyuis G‘alamisning xati- (12-xat) Kitob O'zbek tilida
Ғаламиснинг хати (Клайв Стейплз Льюис) Ўзбек тилида Аудиокитоб
O‘N IKKINCHI XAT
Mening qadrli Razilginam!
Aniq o‘sishni ko‘rish quvonarli. Faqat men sening kerakli natijalarga erishishga shoshilib, vasiyligingdagi kishini uyg‘otib yuborishing va u haqiqiy ahvolni bilib qolishidan qo‘rqaman. Garchi sen bilan men ikkimiz buni to‘g‘ri ko‘rib turgan bo‘lsakda, bu unga qanchalik boshqacha ko‘rinishini unutmasligimiz kerak.
Biz uni boshqa tomonga yo‘naltirishga, Dushmandan olib qochishga erishganimizni bilamiz. Lekin kel, u bunday o‘zgarishning sabablari juda oddiy va oson bartaraf etiladi deb o‘ylay qolsin. U hozir asta–sekin quyoshdan mutlaqo cheksiz bo‘shliqning sovuqligi va zulmati tomon uzoqlashayotganidan hech ham gumon qilmasligi kerak.
Aynan shuning uchun men u hali ham ibodat qilayotgani, jamoat (cherkov)ga qatnayotgani va sirli ibodatga kirishayotganini eshitib xursand bo‘ldim. Bilaman, bu biz uchun xavfli, lekin u dastlabki vaqtning yuqori jo‘shqinligidan qanchalik uzoq ekanligini tushunib qolganida, yana ham yomon bo‘lardi. Hozircha u tashqi tomondan masihiyning odatlarini saqlayapti, uni shunchaki bir necha yangi do‘stlar va yangi rohatlar paydo bo‘lgani, lekin uning ruhiy holati olti hafta oldin qanday bo‘lsa, shundayligicha degan ishonchda ushlab turish kerak. Toki u shunday o‘ylar ekan, biz hatto to‘liq ma’lum gunohga tavba qilish kerakligini anglashi bilan kurashib o‘tirishimiz ham kerak emas. Shunchaki undagi o‘zini oxirgi vaqtda unchalik ham to‘g‘ri tutmagan degan xira va xavotirli tuyg‘usini zaiflashtiramiz.
Bu xira xavotir bilan kechalari ehtiyot bo‘lib muomala qil. Agar u kuchayib borsa, u insonni uyg‘otib yuborishi va butun ishimizni rasvo qilishi mumkin. Boshqa tomondan, agar sen bu xavotirni to‘liq o‘chirsang, Dushman bunday qilishingga imkon berishi ehtimoli kam, biz uni o‘zimizning foydamiz sari burish imkonini qo‘ldan chiqaramiz. Agar unga rivojlanishga imkon bersak, lekin rivojlanish chin dildan tavba qilishga o‘tib ketib, ortga qaytarib bo‘lmas darajagacha bormasa, bu bitta bebaho ustunlikka ega bo‘ladi. Mijoz Dushman haqida o‘ylashi tobora qiyinlashib ketadi. Barcha odamlar hamma zamonlarda bu istamaslikni qaysidir bir darajada boshidan kechirgan. Lekin bu haqdagi fikr odamda bir qator yarim anglangan gunohlarni qo‘zg‘atsa, bu istamaslik kuchayib boradi. Shunda u o‘zining Dushmanni eslatuvchi har qanday fikrini yomon ko‘rib qoladi, xuddi bankrotlikka yaqin turgan odamga bank yondaftarchasining tusi yoqmagandek. Shu holatda sening mijozing o‘zining diniy majburiyatlariga nisbatan nafrat tuyadi. Bularga kirishishdan oldin, u bular haqida hali odob hissi yo‘l qo‘yguni qadar kam o‘ylaydi va bular tugashi bilan u bularni iloji boricha tezroq unutadi. Bir necha hafta oldin uni ibodat paytida xayolot va e’tiborsizlik bilan yo‘ldan ozdirishingga to‘g‘ri keldi. Endi u seni quchoq ochib kutib oladi va uni chalg‘itishingni va yuragini bo‘shatishingni deyarli iltimos qilib boshlaydi. Uning o‘zi ibodatlari samimiy bo‘lmasligini istab qoladi, chunki uni hech narsa Dushmanning bevosita hozir bo‘lishi kabi qo‘rqita olmaydi. U uxlab yotgan vijdonining aldashiga intila boshlaydi.
Bu holat unda mustahkamlanganidan so‘ng, sen rohatlardan vasvasa sifatida foydalanishdek holdan toydiruvchi majburiyatdan asta–sekin xoli bo‘lib borasan. Xavotir va bu xavotirning mohiyatini bilib olishni istamaslik uni haqiqiy quvonchdan nari olib ketganidan keyin; odat sertashvish rohatlarning yoqimliligidan mahrum qilgach, hissiyotlarning qo‘zg‘alishi ularga mahkam bog‘langach (yaxshiyamki, odat rohatlanishga xuddi shunday ta’sir qiladi), uning adashuvchan diqqatini xohlagan narsang bilan jalb qilish mumkinligini ko‘rasan. Uni ibodat, ish va uyqudan xoli qilish uchun sen hatto u haqiqatan yoqtiradigan yaxshi kitobdan foydalanishing ham kerak bo‘lmay qoladi; oqshomgi gazetadagi e’lonlar ruknining o‘zi bemalol yetarli bo‘ladi. Sen uni nafaqat o‘ziga yoqadigan odamlar bilan qiziqarli suhbatlar uchun vaqt sarflashga, balki o‘ziga umuman ahamiyatsiz odamlar bilan zerikarli suhbatlarga vaqt sarflashga majbur qilasan. U vaqti–vaqti bilan umuman hech narsa qilmay qo‘yadi. Sen uni qorong‘u kechgacha sershovqin to‘dada emas, sovuq xonada o‘chib qolayotgan kamin oldida ushlab turasan. Uning butun tashqi faolligini bosish o‘rniga esa hech narsa bermaslik mumkin, pirovardida u bir gap aytishi uchun. Mening mijozlarimdan biri bu yoqqa tushgach shunday degandi: «Endi ko‘rayapmanki, hayotimning ko‘p qismida o‘zim qilishim shart bo‘lgan, o‘zim xohlagan ishni qilmagan ekanman». Masihiylar esa Dushman – Usiz hech narsa kuchga ega bo‘lmaydigan Zotdir, deyishadi. Odamning eng yaxshi yillarini o‘g‘irlash, ularni huzur baxsh etmaydigan gunohlarga emas, balki mazmunsiz fikrning mungli adashishiga berish uchun juda kuchli, yetarlicha kuchli bo‘lgan HeCh NIMA yo‘q, deyishadi. Hech nima bu yillarni odamning o‘zi zo‘rg‘a anglaydigan qiziqishni qondirishga beradi. Hech nima ularni barmoqlarni dukillatishga, poshnalarni taqillatishga, jonga tekkan musiqalarga hushtak chalib norozilik bildirishga beradi. Hech nima ularni orzularning uzun, tumanli labirintlariga beradi, bu orzular ularni rang–barang qilishi mumkin bo‘lgan ishtiyoq yoki g‘ururdan mahrum bo‘lgan, buning ustiga, bir gal bu orzularga sho‘ng‘igan zaif odam endi ularni o‘z ustidan qoqib tashlay olmaydi.
Sen bularning hammasi kichik gunohchalar deysan. Xuddi hamma yosh yo‘ldan ozdiruvchilarda bo‘lgani kabi sen qandaydir manzarali ablahlik haqida xabar berging keladi. Lekin esingda tut, eng muhimi — sen qo‘l ostingdagi kishini qaysidir bir darajada Dushmandan uzoqlashtirishga erishding. Gunohlar qanchalik kichkinaligining ahamiyati yo‘q, agar ularning yig‘indisi odamni Nurdan olislashtirsa va hech nimaga sho‘ng‘itsa. Qartaning qotillikdan yomon joyi yo‘q, toki qarta kerakli samara bersa. Chindan ham, jahannamga eng to‘g‘ri yo‘l — asta–sekin tushib boriladigan, qiya, kutilmagan muyulishlarsiz, ko‘rsatkichli ustunlarsiz yo‘ldir.
Seni yaxshi ko‘ruvchi amaking G‘alamis.
Книга на Узбекском языке: «Письма Баламута» (Клайв Стейплз Льюис)
«Письма Баламута» Клайва Льюиса — уникальное произведение. Это и повесть в лучших традициях эпистолярного жанра, и философская притча, и аллегорическое религиозное наставление.
«Письма Баламута» — рассказ Клайва Льюиса 1942 года, написанный в традициях эпистолярного жанра в котором за внешне забавной историей скрываются серьезные духовные проблемы.