JOSH MAKDAUELL va BOB XOSTETLER
TO‘G‘RI QARORLAR IZLAB
O‘smirlarning har kungi o‘qishlari uchun
366 jozibakor lavhalar
YANVAR - FEVRAL - MART - APREL - MAY - IYUN - IYUL - AVGUST - SENTYABR - OKTYABR - NOYABR - DEKABR
ANNOTASIYA
Mazkur kitob biz har kuni duch keladigan hayotiy muammolarga to‘g‘ri qarorlarni topgan holda, ularni oqilona hal etish uchun Muqaddas Kitobdan qanday foydalanish kerakligini ko‘rsatadi. Siz ega bo‘lgan narsalaringiz uchun o‘zingizda Xudoga minnatdorchilik hissini uyg‘otgan holda imkon qadar ko‘proq ibodat qilish, o‘z harakatlaringizni tahlil qilish, itoatkorlik ruhida ish tutib odamlarga xizmat qilishning imkoniyat va usullarini izlash zarur ekanligini tushunib olasiz.
KIRISH. To‘g‘ri qarorlar izlab: har bir kun uchun vazifa
DINOZAVRLAR VA KINOYULDUZLAR.
Teleo‘yin.
Misha aka va Masha singil.
To‘lin oy va uchayotgan kometalar.
Televizion yangiliklar dasturi
“Iyerixon uchun kurash: bir kundan so‘ng”.
Jinlar va shaytonlar; o‘yinlar va hazillar; olimlar va fermerlar; qarg‘a va kanareyka; testlar va savolnomalar va hattoki g‘aroyib kaltakesak Mikatu – siz bularning barchasini ushbu kitobning sahifalaridan topasiz. Josh Makdauellning “O‘smirlar uchun har kungi mutolaa” kitobi bu har bir kunda to‘g‘ri qarorlarni izlash va mulohaza yuritish uchun ozuqadir. Birinchi yanvardan boshlanadigan “Andreyning kurtkasi” nomli maftunkor sayohat toki 31 dekabrdagi “Foydali orzular” nomli mutolaagacha jami 366 jozibakor lavhalarni qamrab oladiki, ular sizni to‘g‘ri qarorlarni nojoizlaridan farqlab olishingizga hamda doimo to‘g‘ri tanlov qilishingizga yordam beradi.
Har kungi mutolaa shu kungi hayotingizda haqiqatni qo‘llashda yordam beradigan Muqaddas Kitobdan qisqa parchalarni, asosiy oyatlarni, bir qancha masala va maslahatlarni, shuningdek, qisqacha ibodatlarni o‘z ichiga oladi. Ammo harqalay hech bir kun boshqasiga o‘xshamaydi. Ayrimlari qisqacha hikoyani taqdim etsa, boshqasi testni tavsiya etadi; nimadir sizni kulishga undashi yoki dilingizni o‘rtashi mumkin; ba’zi hikoyalar o‘ylab topilgan, boshqalari esa haqiqatga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Shu bilan birgalikda, har kungi mutolaa sizni mulohaza yuritishga va “mana shu buzuq va egri nasl orasida Xudoning nuqsonsiz, aybsiz va pok farzandlari bo‘lishingiz”ga undaydi (Filippiliklarga 2:15).
O‘smirlarning har kungi o‘qishlari uchun (Uzbek tilida kitob)
IYUL
- 1 IYUL. TO‘G‘RILIK O‘LCHOVI
- 2 IYUL. OLMALAR VA APELSINLAR
- 3 IYUL. BOSHPANA
- 4 IYUL. TO‘G‘RI JAVOB
- 5 IYUL. OQ HASSACHA
- 6 IYUL. BU G‘IRROMLIK!
- 7 IYUL. BU IFLOS KO‘LMAK
- 8 IYUL. EFIRGA YODGORLIK
- 9 IYUL. UCHTA KUPYURA VA GO‘DAK
- 10 IYUL. HAMMADAN HAM ADOLATLI
- 11 IYUL. ESHAK VA XACHIR
- 12 IYUL. KO‘CHMA HAYVONOT BOG‘I
- 13 IYUL. YANGI USLUBDAGI ESKI NAQLLAR
- 14 IYUL. AMALIYOT MUKAMMALLIKKA OLIB BORADI
- 15 IYUL. EDISONNING OMADSIZLIGI
- 16 IYUL. KAN’ON YANGILIKLARI
- 17 IYUL. MEN ZAIF BO‘LGANIMDA...
- 18 IYUL. KITOBDAGIDEK EMAS
- 19 IYUL. MASHQ QIL
- 20 IYUL. SEN – SHIMSHO‘N KABISAN
- 21 IYUL. SEN MENING ONAM EMASSAN!
- 22 IYUL. NUHGA QILINGAN TELEFON QO‘NG‘IROG‘I
- 23 IYUL. O‘YIN MAYDONI ATROFIDAGI TO‘SINLAR
- 24 IYUL. KICHKINA MURUVVAT
- 25 IYUL. GOL BO‘LGANINI KIM HAL QILADI?
- 26 IYUL. O‘ZGA SAYYORALIKLARNING HUJUMI
- 27 IYUL. XUDODA QANDAY QILIB TABASSUM UYG‘OTISH MUMKIN
- 28 IYUL. SAHRODAGI KASHFIYOT
- 29 IYUL. QIRQILGAN MAYSAZOR HAQIDA
- 30 IYUL. KICHKINA MALIKA
- 31 IYUL. KICHKINA YEVA
Kalomdan o‘qish: 2 Korinfliklar 10:12, 18
Ular o‘zlarini o‘zlari bilan o‘lchab, o‘zlarini o‘zlariga qiyos qiladilar (2 Korinfliklar 10:12).
SEN YAGONA O‘LCHOV ANDAZASI yo‘q dunyoni tasavvur qilasanmi? Men “besh santimetr” deb o‘lchaydigan masofani sen “o‘n santimetr” deb o‘lchashing mumkinmi? Men uchun “kilogramm” bo‘lgan og‘irlik sen uchun “tonna” bo‘la oladimi? Biror joyda kimdir uchun “kilometr” bo‘lgan joy boshqa uchun “sakrash uchun masofa” bo‘ladimi?
Bunday dunyoda yashash qanchalik murakkab bo‘lgan bo‘lardi! Biz uylarni qanday qilib qurgan bo‘lardik? Bizga do‘konda mahsulotlarni qanday qilib tortib berishardi? Uyingdan toki xolangning uyigacha qancha masofa borligini va o‘sha yoqqa borish uchun qancha vaqt talab etilishini qay tariqa bilgan bo‘larding?
Andazaviy qoliplar to‘plami bo‘lmasa hayot chalkashliklarga to‘la bo‘lardi. Xuddi shu holat bizning ruhiy hayotimizga ham taalluqli.
Sen qaror qabul qilish vaqti kelganida, “qanday “o‘lchov andazasi”dan foydalanasan? Do‘stlaring fikriga tayanasanmi? Olomon ortidan ergashib, boshqalarga tanilish mumkin, ammo bu hamisha ham aqldan emas.
Ehtimol, qandaydir “ichki sezgi” senga nima to‘g‘riyu nima noto‘g‘ri ekanligini aytar? Muammo shundaki, tuyg‘ular o‘zgarishi mumkin. Bugun to‘g‘ri bo‘lib tuyulayotgan narsa ertaga noto‘g‘ri bo‘lib ko‘rinishi mumkin.
Yoki sen yagona haqiqiy o‘lchov andazasiga – Xudoga va Uning Kalomiga tayanasanmi? Xudo O‘z Kalomi kabi o‘zgarmasdir; shu bois sen to‘g‘ri yo‘l tutayotganingga ishonch hosil qilishing mumkin. Va ishonching komil bo‘lsin: Xudo nafaqat bugun, balki ertaga ham, umuman aytganda, hamisha ham haq.
Sen qachonki o‘z qaroringni Xudo va Uning Kalomi bilan tekshirib ko‘rganingda, bu qarorlaring to‘g‘ri, harakatlaring esa yaxshi ekanligiga ishonsang bo‘ladi.
MULOHAZA QILGIN: Mabodo o‘lchov andazalari mavjud bo‘lmaganida, hayoting qanday bo‘lishi haqida o‘ylab ko‘r. Sen vaqtni qanday o‘lchagan bo‘larding? Pulnichi? Qay tariqa kiyim sotib olgan bo‘larding? Boshqa narsalarnichi? Sen quyidagi qarorlarni qabul qilayotganingda, mo‘ljalni nimaga qaratasan?
□ Ota-onang fikriga
□ Do‘stlar fikriga
□ Jamoat fikriga
□ O‘z tuyg‘ularingga
□ Munajjimlar bashoratiga
□ Meni nima o‘rgatgan bo‘lsalar, o‘shanga
□ Jamoat fikriga
□ Qonun aytganiga
□ Xudoning aytganiga
Xo‘sh, endi sen nimaga tayanmoqchisan?
HARAKAT QIL: Ko‘rinadigan joyga o‘lchagichni qo‘ygin va u senga Xudo bilan o‘z harakatlaringni tekshirib turish kerakligini, U nimani gapirayotganini va boshqa “o‘lchovlar”dan foydalanmaslik haqida eslatib tursin.
IBODAT: “Rabbim, Sen o‘z hayotimni tekshirib ko‘rmoqchi bo‘lgan o‘sha andazasan”.
Kalomdan o‘qish: Rimliklar 14:1-4
Sen kim bo‘libsanki, birovning xizmatkorini tergaysan? Xizmatkorning to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ish qilganini uning xo‘jayini tasdiqlaydi-ku!Xo‘jayin xizmatkorni boshqargani uchun xizmatkor to‘g‘ri ish qiladi (Rimliklar 14:4).
QUYIDAGI SAVOLLARGA JAVOB BER.
· Nima yaxshi: koka kolami yoki pepsi?
· Qaysi rang chiroyli: ko‘kmi yoki yashil?
· Kim zo‘rroq: Betmenmi yoki Supermen?
· Qaysi meva shirinroq: olmami yoki apelsin?
· Nima qiziqarliroq: suv chang‘isida uchishmi yoki tog‘dagi daryoda sportcha qayiq eshish?
· Kim yaxshiroq kuylaydi: Pugachyovami yoki Baskov?
Barcha savollarga javob qaytardingmi? Qaysi javob to‘g‘ri ekan? Aslida, ikkalasi ham to‘g‘ri. Yoki ulardan bittasi ham to‘g‘ri emas.
Bu qanday bo‘lishi mumkin? Deylik, sen koka-kolani afzal ko‘rasan, do‘sting esa pepsini ko‘proq xush ko‘radi. Sen Supermen hammadan zo‘r deb o‘ylaysan, do‘sting esa Betmenga ixlosi baland. Sen olmani yaxshi ko‘rasan, do‘sting esa apelsinni. Ehtimol, siz olmani ham, apelsinni ham xush ko‘rarsiz yoki undan ham, bundan ham ko‘ra bananni afzal deb bilarsiz.
Koka yoki pepsi, olmalar va apelsinlar bu ta’b bilan bog‘liq masala. Bu o‘rinda to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri javob yo‘q. Bu sening shaxsiy ishing. Biroq hamisha ham shunday bo‘lavermaydi. Agar sendan, “olma yoki apelsindan qaysi biri sitrus mevasi hisoblanadi?”, deb so‘rashsa, buni sen hal qilolmasding. Bu o‘rinda to‘g‘ri javob: apelsin sitrus mevasi. Agar sendan, “Ko‘k yoki yashil ranglardan qaysi biri asosiy hisoblanadi?”, deb so‘rashganida, javob sening ta’bingga bog‘liq bo‘lib qolmasdi. Asosiy rang ko‘k. Yashil rang ko‘k va sariq ranglarning aralashmasidan paydo bo‘ladi.
Albatta, ko‘plab odamlar barcha masalalarda chalkashib, xuddi olma va apelsin o‘rtasidagi tanlov kabi ezgulik va yovuzlik o‘rtasidagi tanlovning ahamiyati yo‘q, deb o‘ylashadi. Ular senga shunday deyishlari mumkin: “Sen bunday qilish noto‘g‘ri deb o‘ylaysan, men esa boshqacha fikrdaman”. Ammo Xudo O‘z Kalomida nima yaxshi ekanligini aniq qilib aytadi (misol uchun, jamoatga muntazam borib turish bu yaxshi, qaragin: Ibroniylar 10:25). Qandaydir qarorlar qabul qilishimizni bizning o‘zimizga havola etadi (misol uchun, qaysi jamoatga borishimizni). Faqat birini ikkinchisi bilan adashtirmaslik muhim: agar Xudo nimanidir yomon deb atagan bo‘lsa, biz U bilan bu haqda bahslashmasligimiz kerak.
MULOHAZA QILGIN: Sen qachonlardir go‘yoki yaxshilik va yomonlik shaxsiy ishing bo‘lgani kabi o‘zingni tutganmisan? Nima uchun “ha” va nima uchun “yo‘q”?
HARAKAT QIL: Ta’b va haqiqat masalasini chalkashtirib qo‘ymaslik lozimligini eslatishi uchun bugun tushlikda olma va apelsin iste’mol qilgin.
IBODAT: “Xudoyim, vijdonim Sening va boshqa odamlar oldida toza bo‘lishi uchun qaror qabul qilishimda yordam ber”.
Kalomdan o‘qish: Zabur 30:20-22
Huzuringda ularni himoya qilasan, inson fitnalaridan omon saqlaysan. Ularni O‘z chodiring ostida Ig‘volardan saqlab turasan (Zabur 30:21).
IKKINCHI JAHON URUSHI DAVRIDA Gollandiyada Ten Bum familiyali soatsozlar oilasi bo‘lgandi. Ular eng oddiy oila bo‘lib tuyulishardi, biroq ularning bitta sir bor edi: ularning uyi quvg‘inlar uchun boshpana edi.
Ten Bumlar uyida konsentratsion lagerlarga tushmaslik uchun Niderlandiyadan qochgan yahudiylar yashirinishgandi. Uyda maxfiy xonalar bo‘lib, “mehmonlar” xatar xavfi tug‘ilgan zahotiyoq o‘sha joylarda berkinib olishardi.
Ten Bumlarning har qancha urinishlariga qaramay, ularning boshpanasi baribir fosh bo‘ldi va barcha, shu jumladan, uy egalari ham konslagerga tushishdi.
Biroq tutqunlikda ham Korri Ten Bum Xudoga ishonchini yo‘qotmadi. Bu ayol konslagerga ham Muqaddas Kitobni olib kirishga muvaffaq bo‘ldi va uning uchun Xudoning Kalomi kuch va taskin manbaiga aylandi. U boshpanani Xudoning Kalomidan topdi. Xudoning amrlari va va’dalari unga tutqunlik mashaqqatlariga dosh berishiga yordam berdi. U Muqaddas Kitobni boshqa ayollarga ham o‘rgatdi va ular ham taskin va umidga erishdilar.
Xudoning sevgi ila bergan amrlari biz uchun boshpana bo‘lishi mumkin. Ular bizni ziyon zahmatdan asrashi mumkin; ular Xudoning huzuri uchun umid qilishlariga yordam beradi; ular Xudoning sevgisini eslatadi; ular atrofdagi barcha noto‘g‘ri ishlar qilayotganlarida to‘g‘ri qaror qabul qilishga yordam beradi. Albatta, agar biz Xudoning amrlarini o‘qimasak va ularni bajarmasak, bularning hammasini amalga oshira olmaymiz. Lekin biz Uning Kalomini o‘qiganimizda va Uning amrlarini bajarganimizda shunday deymiz: “Qamalda qolgan shaharday bo‘lganimda menga ajoyib sadoqatingni ko‘rsatganing uchun ey Egam, Senga olqishlar bo‘lsin!” (Zabur 30:22)
MULOHAZA QILGIN: Agar Ten Bumlar yahudiylarni natsistlardan yashirib tavakkal qilmaganlarida, o‘zlari konslagerga tushmagan bo‘lishardi. Biroq ular Xudoning amrlarini bajarib, hayotlarini tahlika ostida qoldirgan holda boshqalarga mehribonlik ko‘rsatdilar. Sen Xudoning Kalomini o‘qib turasanmi? Uning amrlarini bajarasanmi? Xudoning Kalomi bizni himoya qiladigan qo‘rg‘on bo‘lishi, biz har kuni olib boradigan jangda kuch bag‘ishlashi mumkin. Bu haftadagi jangda g‘olib chiqishing uchun Muqaddas Kitobning qaysi so‘zlarini qalbingga jo etmog‘ing lozim?
HARAKAT QIL: Sen qachondir Korri Ten Bumning ta’sirchan asari “Boshpana”ni o‘qiganmisan? Ota-onangdan yoki jamoat cho‘ponidan ushbu kitobni yoki shu asar asosida ishlangan filmni topib berishlarini so‘ragin.
IBODAT: “Rabbim, men ba’zan to‘g‘ri yo‘l tutishga qo‘rqaman. Xudoyim, Sen har kuni men bilan birga ekanligingni, qaror qabul qilishda qiynalgan chog‘larim menga yordam berayotganingni eslatib turgin”.
Kalomdan o‘qish: Zabur 81:1-8
Qani, Ey Xudo, olamni hukm qil, Zotan, hamma xalqlar Senikidir (Zabur 81:8).
HA, HOZIR YOZNING AYNI O‘RTASI, ammo baribir kichikroq bir test o‘tkazish vaqti ham keldi. Qo‘rqma! Biz senga bir qancha variantlardan birini tanlash imkonini beramiz. Va bitta javob qaytarasan bu juda oson:
Bugun 4 IYUL. Agar sen Qo‘shma Shtatlarda yashayotgan bo‘lsang, bugun qanday kun ekanligini bilasanmi?
A) |
Bugun seni ahmoq deb atashlaridan qo‘rqmagan holda qizil, oq va ko‘k rangli liboslarni kiyib yurishing mumkin. |
B) |
Tantanalar, bayramlar va mushakbozlik kuni. |
V) |
Milliy iftixor kuni. |
G) |
Aslida yashash huquqi, ozodlik va baxt Xudodan ekanligini yod etish kuni |
Bo‘ldi, vaqt tugadi. Xo‘sh, sen qanday javob berding?
Barcha javoblar to‘g‘ri, ammo oxirgi javob nimani aksariyat hollarda unutib qo‘yayotganimiz haqida eslatib turadi.
Hukumat bizning asosiy huquqlarimizni hurmat qilishi mumkin, biroq aslida bu huquqlarni hukumat bizga bermaydi. Ularni Xudo beradi.
Shaxs huquqining tub mohiyati shundaki, Xudo mavjuddir va Uning O‘zligi nima yaxshiyu, nima yomon ekanligini belgilaydi. Sening hayotga, erkinlikka va hurmatga bo‘lgan huquqing – hukumatning yoki prezidentning sovg‘asi emas; u barcha axloqiy adolat, shu jumladan, inson huquqini ham hosil qiladigan haqparvar Rabbiyning tuhfasidir. Bu nafaqat amerikaliklarga, balki qayerda yashashidan qat’iy nazar, barchaga ham taalluqlidir.
Xullas, bu barcha mushakbozliklar va konsertlar orasida hech bir hukumat senga berolmaydigan va sendan olib qo‘ya olmaydigan huquqni bergani uchun Xudoga minnatdorchilik bildirib qo‘ygin.
MULOHAZA QILGIN: Dunyodagi ko‘plab konstitutsiyalar Mustaqillik Deklaratsiyasida tilga olinadigan erkinligimiz, baxtga erishuvimiz hamda hayotga bo‘lgan “daxlsiz” huquqlarimizga asoslanib tuzilgan. “Daxlsiz” bu ularni bekor qilish yoki mensimaslik mumkin emasligini anglatadi. Sen qachondir o‘z hayoting uchun Xudoga minnatdorchilik bildirganmisan? Sen o‘z erkinliging va boshqa huquqlaring uchun Unga rahmat aytganmisan?
IBODAT: “Xudoyim, Sen menga tuhfa qilgan huquqlaring uchun minnatdorman. Hayotim va erkinligim uchun Senga rahmat aytaman”.
Kalomdan o‘qish: Zabur 118:97-101
Amrlaring meni g‘animlarimdan ko‘proq dono qildi, Amrlaring doimo men bilan birga (Zabur 118:98).
SEN QACHONDIR ko‘chadan o‘tib borayotgan so‘qir kishini ko‘rganmisan? U qayoqqa borishini va qachon to‘xtab burilishini qanday biladi? Ko‘pchilik so‘qir odamlar oq hassachadan foydalanishadi.
Oq hassacha undan foydalanishni biladigan odam qo‘lida hayratomuz narsa bo‘lishi mumkin. Ayrim so‘qirlar ko‘zi tiniq ko‘radigan odamlar kabi tez yurishadi, negaki ular oq hassachadan foydalanish sirlarini bilishadi. Hassaning yerga urilgan tovushidan so‘qir odam buning alfalt, o‘tloq yoki yo‘lak ekanini aytishi mumkin. So‘qir kishi devor yoki bino kabi katta to‘siqlar sari yaqinlashganida hassa tegadigan yerning tovushi o‘zgaradi. Hassa kutilmagan zinapoyalar, burilishlar va hattoki kimdir unutib qoldirgan skeyt bord kabi uncha katta bo‘lmagan to‘siqlar haqida ham xabar beradi.
So‘qir kishi yo‘lni topish uchun oq hassadan foydalangani kabi, sen ham Xudoning Kalomidan foydalanishing mumkin. Xuddi hassa so‘qir odamni to‘siqlar haqida ogohlantirganidek, Xudoning Kalomi ham yo‘limizda bizga ziyon yetkazadigan narsalar haqida ogohlantiradi.
Albatta, sen hamma joyda ham yoningda Muqaddas Kitobni olib yurolmaysan, to‘g‘rimi? Ba’zan uni varaqlab savolingga javob izlash uchun ham vaqting bo‘lmaydi. Aksariyat hollarda sen hattoki javob izlasang ham topolmaysan, to‘g‘rimi? Mana nima uchun Muqaddas Kitobni yoddan bilish kerak. Agar sen Muqaddas Kitob oyatlarini yod bilsang:
· u hamisha sen bilan birga;
· Biror qarorga kelishingga to‘g‘ri kelganida, sen hech qachon ko‘maksiz qolmaysan;
· Ikkilanib qolganingda yoki ortga chekinganingda, to‘g‘ri yo‘lni topib olishing oson bo‘ladi.
Hatto zulmatda ham seni boshqara olishi uchun har kuni Muqaddas Kitobning bitta oyatidan yod olishning nahotki iloji bo‘lmasa? Quyidagi oyatni shior qilib ol: “Sening kaloming qadamlarim uchun chiroqdir” (Zabur 118:105). Oxir-oqibat, agar oq hassani uyda qoldirishsa, undan hech qanday naf yo‘q, to‘g‘rimi?
MULOHAZA QILGIN: Xudoning Kalomi oq hassaga nimasi bilang o‘xshash? Yuqorida biz Muqaddas Kitobni o‘rganish uchun zarur bo‘lgan uchta sababni keltirdik. Bu qanday sabablar? Ehtimol, sen Muqaddas Kitobning qanchadir oyatlarini allaqachon yoddan bilishingni anglab ajablanarsan, misol uchun, Yuhanno 3:16 va Matto 6:33 oyatlarini. Yana qanday oyatlarni eslay olasan?
HARAKAT QIL: Zabur 118:105-oyatini (yuqoridagiga qara) ovoz chiqargan holda (qo‘shimchasi bilan birga) o‘qib chiq. Endi shu oyatlarni yoddan aytishga harakat qilib ko‘r. Sen kitobga qaramasdan uni so‘zma-so‘z qaytarishing kerak. Tabriklayman! Sen hozirgina Zabur 118:105-oyatini yodlab olding.
IBODAT: “Rabbim Ota, yuragimda Sening Kalomingni asrashim va uni har kuni bajarishim uchun menga yordam ber”.
Kalomdan o‘qish: Luqo 6:27-31
Odamlar sizlarga nima qilishlarini istasangiz, sizlar ham ularga o‘shani qilinglar (Luqo 6:31).
Har doim ham nima to‘g‘riyu nima g‘irromlik ekanini farqlash oson kechmaydi. Ba’zan farqni ayirish qiyin kechadi, chalkashib qolish hech gap emas.
Quyidagi savollarga javob qaytarishga urinib ko‘rgin. Javoblarning to‘g‘ri ekanligi xususida tashvishlanmasang ham bo‘ladi. Shunchaki har bir savolga qanday o‘ylasang shunday javob ber.
1. Sen bitta jamoaning sardorisan, do‘sting esa boshqa jamoaning sardori. Sizlar o‘yinchilarni qay tariqa tanlab olasizlar?
□ Sizlar navbati bilan bittadan o‘yinchini olasizlar.
□ Avval bittalaringiz tanlaysiz, boshqangiz esa qolgan o‘yinchilarni oladi.
2. Ikkita do‘stingiz bilan birgalikda velosiped haydab yurganlaringizda uyingga uch kilometr masofa qolganida velosipeding zanjiri chiqib ketadi. Sen nima qilgan bo‘larding?
□ Siz uchchalangiz ham velosipedni yetaklab, uyga piyoda borasizlar.
□ Sening do‘stlaring velosipedlarini haydab ketaverishadi, sen esa piyoda borasan.
3. Sen ko‘lda cho‘milayotganingda, yonida cho‘milish kiyimi bo‘lmagan do‘sting shu yerdan o‘tib qoladi. Sen fikringcha, u nima qilishi kerak?
□ Sohil qutqaruvchisiga, “Men chaqmoqni ko‘rdim!”, deya, barchani ko‘ldan chiqishga undashlari uchun qichqiradi
□ Senga shunday deydi: “Men hozir cho‘milish kiyimi uchun borib kelaman va biz birgalikda cho‘milamiz”.
4. Do‘stingning onasi tushlikka qora olxo‘ri qo‘shilgan loviya va pechene tayyorladi. Sen do‘stingdan nimani kutyapsan?
□ U nima bo‘lishini aytmasdan, seni tushlikka taklif qiladi.
□ U senga shunday deydi: “Mabodo ertaga men maktabga kelmasam, 911 ga qo‘ng‘iroq qil. Ehtimol, men o‘lim yoqasida bo‘larman!”
Balki, sen bilan bunga o‘xshash holatlar yuz bermagandir, ammo buni shunchaki tasavvur qilib ko‘rgin, maylimi? Sening tanloving mutlaqo aniq, shunday emasmi? Nega? Negaki, har bir kishi bunday vaziyatda nima qilishini juda oson tasavvur qiladi. Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: “Odamlar sizlarga nima qilishlarini istasangiz, sizlar ham ularga o‘shani qilinglar” (Luqo 6:31).
Adolatli yo‘l tutish uchun aksariyat hollarda eng muhimi nima qilishni bilmoqdir. Odatda bu boradagi birinchi qadam o‘ziga savol berishdan boshlanadi: men bilan qanday munosabatda bo‘lishlari kerak? Agar sen shu savolga javob bera olsang, keyingisiga ham javob qaytarishing mumkin: bu haqqoniy bo‘ladimi? Yoki g‘irromlikmi?
MULOHAZA QILGIN: Senga oxirgi marta qachon adolatsiz ish ko‘rganlaridek tuyulgan? Adolatli bo‘lsa qanday bo‘lishi mumkin edi? Sen o‘zing nohaq ravishda yo‘l tutgan paytingni eslay olasanmi? Senga o‘zing xohlaganingdek munosabatda bo‘lishlari uchun nimalar qilgan bo‘larding?
IBODAT: “Xudoyim, menda kimgadir nisbatan nohaq ish ko‘rishga vasvasa uyg‘onganida, boshqalar menga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishini xohlaganimdek o‘zim ham ularga shu tariqa munosabatda bo‘lishim kerakligini eslashimga yordam ber”.
7 IYUL. BU IFLOS KO‘LMAK – SEN UCHUN
Kalomdan o‘qish: Zabur 105:3
Baxtlidir adolat ila ish tutganlar, Har doim to‘g‘ri ish qilganlar (Zabur 105:3).
Bolakay Kelvin va uning Xobbs ismli o‘yinchoq yo‘lbarsi haqida kulgili bir mashhur multfilm bor. Bill Uotterson tomonidan yaratilgan bu asar kino tarixidagi eng mashhur komik multfilmlardan biri hisoblanadi. Undagi seriyalardan birida Kelvin va uning do‘sti yo‘lbars birgalikda o‘rmon oralab yurishadi. Kelvin og‘aynisiga shunday deydi:
– Men axloq qoidasiga boshqa ishonmayman. Gap menga taqalganda, aytishim kerakki, maqsad vositani oqlaydi.
U mushti bilan kaftiga urib, so‘zida davom etadi:
– Mana men senga nima deyman, imkoning boricha foydasi tegadigan hamma narsani olib qol. Kim kuchli bo‘lsa, o‘sha haq! Tarixni g‘oliblar yozishadi! Bu – kuchlilar g‘olib chiqadigan dunyo, shu bois men xohlaganimni qilaman, boshqalar esa bu yaxshimikan, deya bahslashaversinlar.
Xobbs to‘satdan iflos ko‘lmakni ko‘rib qoladi. U to‘xtab jilmayganicha Kelvinni o‘sha ko‘lmakka turtadi.
– Ey! – qichqirib yuboradi Kelvin. – Sen nima qilyapsan?
Xobbs hiringlab kuladi:
– Sen mening o‘tib olishimga xalaqit berding, – deydi u. – Endi esa xalaqit bermayapsan. Maqsad vositani oqlaydi.
Kelvin iflos joydan chiqib oladi:
– Biroq men hamma ham shunday yo‘l tutishini kerakligini nazarda tutmagandim! Faqat o‘zim haqimda gapirgandim!
Albatta, Xobbs bor-yo‘g‘i o‘yinchoq yo‘lbars (garchi u Kelvin uchun mavjud bo‘lsada), biroq u, bu masalada haq. Aksariyat odamlar xuddi Kelvin kabi yo‘l tutishadi. Ular nima yaxshiyu, nima yomonligini o‘zlari hal qilishga urinishadi. Ular o‘zlari to‘g‘ri deb hisoblaganlarini qilishlari mumkin deya hisoblashadi. Biroq kimdir o‘zini shu tariqa tuta boshlaganida, ular darhol o‘z fikrlarini o‘zgartirishadi. “Ey! – deydi ular. – Sen bunday qilishing mumkin emas! Bu g‘irromlik!”
Hamma bilgani uchun ham bu shunday bo‘ladi: haqqoqiy va nohaq ishlar bor. Biz shunday deb e’lon qilishimiz adolatdan emas aslida: buning adolatli ekanini Xudo hal qiladi. Xudoning Kalomida aniq qilib yozilgan: “Odamlar sizlarga nima qilishlarini istasangiz, sizlar ham ularga o‘shani qilinglar” (Matto 7:12 ).
Boshqacha qilib aytganda, odil inson o‘zidan shunday deb so‘raydi: “Menga qanday munosabatda bo‘lishlarini istayman o‘zi?” Adolatsiz kishi esa shunday deydi: “Bu mutlaqo boshqa masala” yoki “Men boshqalarga o‘xshamayman”. Ammo adolatni sen emas, faqat boshqalar yuritganlarida bu adolatdan bo‘lmay qolardi, to‘g‘rimi?
MULOHAZA QILGIN: Odil inson o‘ziga qanday muhim savolni berishi kerak? Bu savollarga adolatsiz kishi qanday javob qaytargan bo‘lardi? Kim nima adolatliyu nima adolatdan emasligini hal qiladi? Sen qachonlardir shunday deb o‘zingni oqlashga uringanmisan: “Bu umuman boshqa masala” yoki “Men boshqalarga o‘xshamayman”? Sen kimgadir bugun adolatsiz munosabatda bo‘ldingmi? Shu haftadachi? Agar shunday bo‘lsa, bu adolatdan bo‘lishi uchun sen nima qilmog‘ing kerak edi?
IBODAT: “Rabbim, boshqalarga nisbatan adolatli va hamisha halol yo‘l tutishim uchun yordam ber.”Bu umuman boshqa masala” yoki “Men boshqalarga o‘xshamayman”, deya o‘zimni oqlashimga izn berma, biroq boshqalar o‘zimga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishlarini xohlasam, ularga ham xuddi shunday munosabat bildirishim uchun ko‘mak ber”.
Kalomdan o‘qish: Levilar 19:13-16
Hukm chiqarganda haqsizlik qilmang, faqirga ham yon bosmang, obro‘li odamning ham ko‘ngliga qarab ish tutmang (Levilar 19:15).
Mabodo qachondir tishingni davolashga to‘g‘ri kelganida, shifokor sen bilan kuymalanib turgan chog‘i uning ko‘zini jarohatlab qo‘ymasliging uchun, harholda senga og‘riqni qoldiradigan ukol qilgan bo‘lsalar kerak.
Og‘riqni qoldiradigan birinchi malham efir, ya’ni narkoz bo‘lgan. 1842 yilda Jorjiyalik bir shifokor operatsiya paytida mijozini uxlatib qo‘yish uchun shunday doridan foydalangan. Uch yildan so‘ng u tug‘ruq jarayonida ham efirni qo‘llab ko‘rdi. Biroq u o‘z yutug‘ini e’lon qilganida, narkoz chog‘i efirdan foydalanishning ilk kashfiyotchisi Massachusetsda yashaydigan tish shifokori Uilyam Morton ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Biroq Massachusets Tarix jamiyati efir narkozining kashf etilishiga oid yodgorlik belgisini ochishga qaror qilganida, ko‘pchilik bu sohada boshqa odam Charlz Jekson birinchi bo‘lganligini bildira boshlashdi. Yodgorlik taxtasida kimning ismi yozilishi haqida bahs ko‘tarildi: Uilyam Mortonmi yoki Charlz Jekson?
Shunda taniqli shifokor Oliver Uendel Xolms-to‘ng‘ich qiziq bir taklifni o‘rtaga tashladi. U taxtachada ikkovining ham ismlari, shuningdek, “Efirga atalgan yodgorlik”, deb yozilishi lozim ekanligini aytdi.
Bu adolatli qaror bo‘lgandi. U nafaqat Uilyam Morton va Charlz Jeksonlar xotirasini ulug‘labgina qolmay, ko‘proq Xolmsni dono va odil inson sifatida sharafladi. (Zero, Xolmsning o‘g‘li Oliy sudning taniqli hakami bo‘lib yetishganiga ajablanmasa ham bo‘ladi!)
Oliver Uendel Xolms-to‘ng‘ichni u adolatli bo‘lgani bois ulug‘lashdi. Mana nima uchun Xudo bizga odil bo‘lishimizni amr etadi. Biz muammoning halol yechimini izlashimiz kerak. Adolat yaxshi ekanligini, adolatsizlik yomon ekanligini yodda tutishimiz lozim. Biz Uning amrlariga itoat etganimizda va bir-birimizga adolatli munosabatda bo‘lganimizda Xudoga manzur bo‘lamiz.
MULOHAZA QILGIN: Muqaddas Kitobdan bugun o‘qiladigan parchada atrofdagilarga adolatli munosabatda bo‘lishning eng kami bilan sakkizta usuli haqida eslatib o‘tiladi; sen ulardan nechtasini topding? Senga adolat yuzasidan munosabatda bo‘lganlarida bu senga yoqadimi? Nima uchun “ha” va nima uchun “yo‘q”? Boshqalar senga qanday yondashishlarini xohlaganingdek, o‘zing ham boshqalarga shunday yondashasanmi? Atrofdagilarga adolatli bo‘lish haqidagi Xudoning amrlarini bajarasanmi? Agar kimgadir nisbatan adolatsiz munosabatda bo‘lgan bo‘lsang, vaziyatni qanday to‘g‘rilash mumkinligini bilasanmi?
HARAKAT QIL: Bugun kimni uchratsang, o‘shalar bilan adolatli munosabatda bo‘lishga harakat qilgin.
IBODAT: “Rabbim, atrofdagilarga nisbatan adolat yuzasidan e’tiborli bo‘lishim uchun yordam ber. Ular menga qanday munosabatda bo‘lishlarini xohlaganimdek, boshqalarga ham shunday yondashishim lozimligi haqida eslatib turgin”.
9 IYUL. UCHTA KUPYURA VA GO‘DAK
Kalomdan o‘qish: Ibtido 18:18-19
Ibrohim o‘g‘illarini, o‘z naslini Mening yo‘limdan yurishga, to‘g‘rilik va adolat bilan ish qilishlariga yo‘l ko‘rsatsin deb, uni tanlaganman (Ibtido 18:19).
SHUNDAY BIR TAJRIBA O‘TKAZIB KO‘R: qog‘ozga o‘n so‘mlik, ellik so‘mlik va yuz so‘mlik pullarni sol. Ularni hali bir yoshga to‘lmagan go‘dak oldiga qo‘ygin. (Agar shu yoshdagi ukang yoki singling bo‘lmasa, qo‘shnilarga murojaat qil!)
Chaqaloqni kuzatib quyidagi savollarga javob bergin:
Chaqaloq qaysi kupyurani tanladi?
□ O‘n so‘mlikni
□ Ellik so‘mlikni
□ Yuz so‘mlikni
□ Hammasini birdan
Chaqaloq pullarni nima qildi?
□ Og‘ziga soldi
□ Yerga tashladi
□ O‘ziga konfet sotib oldi
□ Bankdagi hisob raqamiga qo‘ydi
Hoynahoy, bu savollarga javob olish uchun bu tajribani o‘tkazmasa ham bo‘lar, to‘g‘rimi? Go‘dak o‘n so‘mlik, ellik so‘mlik va yuz so‘mliklar orasidagi farqni tushunmaydi, demak, ulardan hohlaganini yoki hammasini birdan olishi mumkin. Va turgan gapki, go‘dak ularning hammasini yo og‘ziga tiqadi yoki yerga tashlaydi.
Nima uchun? Negaki, go‘daklar pulning qiymatini bilishmaydi. Ular pulni konfetga almashtirish mumkin ekanligidan bexabar. Va ular o‘n so‘mdan ko‘ra ellik so‘m bilan ko‘proq konfet sotib olish mumkinligini aniq bilishmaydi.
Bu kabi muammolar hatto kattalarda ham bo‘lib turadi. Biz asl qiymatga ega bo‘lgan narsani bilmaymiz. Biz o‘zimizni go‘yo boylik va shon shuhrat, mashhurlik va buyumlar qadr-qiymatga egadek tutamiz. Ammo Xudo nima narsa chindan ham qiymatga ega ekanligini biladi, va u Ibrohimga buni ko‘p yillar avval ma’lum qilgan. U Ibrohimni Isroil xalqining otasi deb e’lon qilgan, negaki U shunday degan: “Ibrohim o‘g‘illarini, o‘z naslini Mening yo‘limdan yurishga, to‘g‘rilik va adolat bilan ish qilishlariga yo‘l ko‘rsatsin deb, uni tanlaganman” (Ibtido 18:19). Mana nima chindan ham qiymatga ega: haqiqatni yaratish va hukm qilish. Mana nima uchun Xudo bizga adolatli bo‘lishimizni buyuradi, negaki U adolatni qadrlaydi. U biz ham adolatni qadrlashimizni istaydi. O‘n so‘mdan ko‘proq darajada. Ellik so‘mdan ortiq darajada. Va hattoki yuz so‘mdan ham ko‘proq darajada qadrlashimizni xohlaydi.
MULOHAZA QILGIN: Biror nimani “qadrlash” nima o‘zi? Xudo adolatni qadrlashini biz qayoqdan bilamiz? Sen nimani qadrlaysan?
IBODAT: “Rabbim, Sen adolatni qadrlaysan, men ham uni qadrlashni istayman. Men hamisha odil va halol bo‘lmoqchiman”.
10 IYUL. HAMMADAN HAM ADOLATLI
Kalomdan o‘qish: Vahiy 15:1-4
Yo Qodir Xudo Egamiz, Buyuk va ajoyibdir Sening ishlaring. Ey xalqlarning Shohi! To‘g‘ri va haqdir Sening yo‘llaring (Vahiy 15:3).
Bu odamlarda qanday umumiylik bor?
· Sud zalidagi hakam
· Futbol maydonidagi hakam
· Militsioner
· Maktab o‘qituvchisi
Ularning barchasi ishlaydi: xo‘sh, yana nima? Ha albatta, ularning barchasi aqlli. Xo‘sh, yana nima bor?
Ular adolatli bo‘lishlari kerak. Agar hakam adolatsiz bo‘lsa, u yaxshi hakam emas, to‘g‘rimi? Agar o‘yin vaqtida referi bir jamoani boshqasidan ustun qo‘ysa, taajjubga tushgan muxlislar qichqirib qolishadi: “Hakam halol bo‘lsin!” Faqat o‘ziga yoqmagan odamlarni to‘xtatadigan militsioner – yomon militsioner. Va qizlarga faqat ikki baho qo‘yib, o‘g‘il bolalarga muntazam besh baho qo‘yadigan o‘qituvchi ham hech kimga yoqmaydi.
Biz hakamlardan va o‘qituvchilardan adolat kutamiz. Zero, adolat – yaxshi, to‘g‘rimi? Mana nima uchun odil hakam yaxshi hakam; adolatsiz o‘qituvchi yomon o‘qituvchi. Biroq adolat nima uchun yaxshi?
Negaki, Xudo adolatlidir.
Adolat faqatgina sen yoki do‘sting shunday deb aytgani uchungina yaxshi emas. Bu faqatgina ota-onang va o‘qituvchilaring yoki hukumat shunday aytayotgani uchun ham emas. Adolat birgina sababga ko‘ra yaxshi: negaki Xudo adolatlidir.
Zabur 9:7-oyatda shunday deyilgan: “Egamiz adolatli hukmi ila O‘zining kimligini ko‘rsatdi”. Ishayo 30:18-oyatda shunday yozilgan: “Egam adolatli Xudodir” . Azizlar esa samoda ushbu qo‘shiqni kuylashadi: “Yo Qodir Xudo Egamiz, Buyuk va ajoyibdir Sening ishlaring, Ey xalqlarning Shohi! To‘g‘ri va haqdir Sening yo‘llaring”. (Vahiy 15:3).
Xudo adolatlidir; bu Uning O‘zligining bir qismidir. Mana nima uchun U adolatni qadrlaydi. Mana nima uchun biz adolatli bo‘lishimizni buyuradi. Biz boshqalarga nisbatan adolatli bo‘lganimizda, “er yuzida mehr shafqat, adolatu haqiqat o‘rnatadigan” Rabbimizga o‘xshaydigan bo‘lamiz.
MULOHAZA QILGIN: Nima uchun Xudo bizga adolatli bo‘lishimizni buyuradi? Nima uchun Xudo adolatni qadrlaydi? Xudo adolatli ekanini sen qayoqdan bilasan? Quyidagi jumlalarni sen qay tariqa to‘ldirgan bo‘larding:
“Menga boshqalar adolatsiz munosabatda bo‘lganlarida, men ____________”.
“Menga boshqalar adolatli munosabatda bo‘lganlarida, men ____________”.
“Men boshqalarga adolatsiz munosabatda bo‘lganimda, men ____________”..
“Men boshqalarga adolatli munosabatda bo‘lganimda, men ____________”..
IBODAT: Vahiy 15:3-4 oyatlari bilan yoki azizlarning qo‘shig‘i bilan ibodat qilgin.
Kalomdan o‘qish: Yeremiyo 7:5-7
Agar haqiqatan yomon yo‘lingizdan qaytsangiz, turmush tarzingizni o‘zgartirsangiz, bir-biringizga nisbatan adolatli bo‘lsangiz (Yeremiyo 7:5).
BIR ODAM uzoq safarga hozirlanibdi. U o‘zi bilan eshak va xachirni olibdi. Barcha yuklarini eshakka ortib, o‘zi vaqti-vaqti bilan xachirni minib ketaveribdi.
Eshakka bu yuklarni ko‘tarib yurish og‘irlik qilmabdi. U og‘irlikni ko‘tarib o‘rgangan ekan. Biroq ular baland toqqa chiqayotganlarida, unga ustidagi yuk juda og‘irlik qilibdi.
Og‘irlik ostida ezilgan eshak xachirdan yukining bir qismini ko‘tarishiga yordam so‘rabdi. U hammalari toqqa chiqib olganlarida, xachirga yukni qaytarib berishi mumkinligini aytibdi. Biroq xachir hech nimani ko‘tarishni istamabdi.
Oradan qanchadir vaqt o‘tib, eshak tamoman holdan toyibdi va yo‘l o‘rtasida yiqilib qolibdi. Xo‘jayin uni shafqatsizlarcha uribdi, biroq eshak nihoyatda kuchdan qolgani uchun o‘rnidan tura olmabdi.
Boshqa iloji qolmabdi: odam eshakdan yukni yechib olib, hamma yukni xachirga ortibdi. Ular yiqilib yotgan eshakni qoldirib, yo‘llarida davom etishibdi.
Og‘ir yuk ostida ezilgan xachir o‘ziga shunday debdi: “Agar men eshakka yordam berganimda, hamma yukni o‘zim ko‘tarishimga to‘g‘ri kelmasdi va biz do‘stlarga aylangan bo‘lardik”.
Hayotda ham shunday bo‘ladi. Boshqalarga adolat bilan yondashgan holda biz nafaqat o‘zgalar hayotini, balki o‘z hayotimizni ham yengillashtiramiz. Odamlarga adolat bilan yondashib, biz ko‘plab do‘stlar orttiramiz.
Aslida, odamlarga adolat bilan yondashuv do‘stligimizga bevosita bog‘liq: uning sharofati bilan yangi do‘stlarimiz paydo bo‘ladi; u eski do‘stlikni mustahkamlab uni yanada yaxshiroq qiladi; u aksincha holatda buziladigan do‘stona munosabatlarni asrab qoladi.
Natijalar yomon emas, to‘g‘rimi? Keyingi safar boshqa birov bilan o‘zingni adolatli tutishga to‘g‘ri kelganida, xachir kabi qaysar bo‘lma; boshqaga va o‘zingga yaxshilik qil.
MULOHAZA QILGIN: Bizning adolatli harakatlarimiz do‘stlar bilan munosabatda qanday aks etadi? Sen (o‘zini noo‘rin tutgan) xachirga yoki (o‘ziga nisbatan nohaqlik qilingan) eshakka ko‘proq o‘xshaysanmi yoxud ulardan hech biriga o‘xshamaysanmi? Sen o‘zingga haqli munosabatda bo‘lgan do‘stlaringni afzal ko‘rasanmi yoki senga nohaq yondashganlarinimi? Nima uchun?
HARAKAT QIL: Ushbu haftada birinchi imkoniyat bo‘lishi bilanoq kimgadir yordam berishga harakat qilgin (misol uchun, qo‘shni ayolga sumkasini do‘kondan ko‘tarib kelishiga yordam ber yoki uning o‘rniga o‘zing do‘konga borib kel).
IBODAT: “Xudoyim, do‘stlarim uchun Senga rahmat. Ularga nisbatan adolatli bo‘lganimda olayotgan barcha yaxshi narsalar uchun Sendan minnatdorman”.
12 IYUL. KO‘CHMA HAYVONOT BOG‘I
Kalomdan o‘qish: Zabur 10:4-5
Egamiz O‘zining muqaddas Ma’badidadir, Egamizning taxti samodadir. U insonni ko‘zdan qochirmaydi, Nigohi insonni tekshirib turadi (Zabur 10:4).
SEN KEYINGI SAFAR ota-onang bilan birgalikda yo‘ldagi tiqilinchga tushib qolsang, boshqa haydovchilarga nazar solib chiq. Ko‘raylikchi, sen ularning orasida “hayvonlar”ni payqay olarmikansan (o‘z mashinangda hayvonlarni izlab o‘tirma!).
Jirafa: U hamisha oldindagini ko‘rishga urinadi. U o‘ng va chap tarafga qaraydi, har bir chiziqda nima bo‘layotganini ko‘rish uchun atrofga alanglaydi. U hattoki mashina oynasidan boshini imkon qadar baland ko‘tarib qaraydi.
Qurbaqa: Uning nazarida o‘zi turgan chiziqdagi harakat sekindek tuyulaveradi, shu bois doim u chiziqdan bunisiga sakrab o‘taveradi. Qaysidir bir chiziqqa o‘tib, u boshqa bir bo‘sh joyga e’tiborini qarata boshlaydi. U chizig‘ingiz bo‘ylab sizdan oldinga o‘tib olish uchun yonginangizda bor kuchi bilan mashinani haydaydi.
Ilon: Ba’zan yo‘ldagi harakat sekinlashadi yoki to‘xtab qoladi, negaki ikkita yoki undan ko‘proq chiziqlar bittaga birlashib ketadi. Bu kimdir yo‘lning katta qismini to‘sib qo‘yishga uringanida yuz beradi. U oxirgi damgacha ikki qator orasida haydab ketaveradi. Va o‘sha lahza yetib kelganda, o‘z navbatini go‘yoki yuz yildan buyon kutayotgan haydovchilarning yo‘liga suqilib kiradi.
Albatta, bu toifadagi haydovchilarning har biri muayyan noqulayliklarni keltirib chiqarishadi. Agar hamma ham (o‘zlarini hayvondek tutib emas) bir-birlariga nisbatan odil va iltifotli bo‘lib, navbatga rioya qilgan holda o‘zaro hamkorlik qilishsa edi, yo‘llarda yurish anchayin oson bo‘lardi.
Agar hamma ham adolatli bo‘lsa, butun olam naqadar yaxshi bo‘lardi. Agar barcha ham o‘zini odilona tutsa, jamoat va maktab anchayin yoqimli maskanga aylanardi. Agar barcha bir-birlariga odilona munosabatda bo‘lsalar, oilalarda nihoyatda yaxshi ahvol hukm surgan bo‘lardi.
Agar biz bir-birimizga odilona bo‘lganimizda, hayotimiz hayvonot bog‘iga kamroq, Xudoning o‘ylaganlariga esa ko‘proq o‘xshagan bo‘lardi!
MULOHAZA QILGIN: Muqaddas Kitobdan bugun o‘qiladigan parchada adolatli yo‘l tutish qanday ustunlik ekanligi haqida aytiladi. Bu qanday yuz beradi? Agar barcha bir-birlariga nisbatan adolatli bo‘lganlarida, hayot nimasi bilan yaxshiroq bo‘lgan bo‘lardi? Odamlar bilan liq to‘la do‘konni, maktabingni, jamoatni, oilangni tasavvur qil. Adolatning foydali ekanligini ko‘rib, do‘stlaringga (va boshqa odamlarga) qanday yordam berishing mumkin?
IBODAT: “Rabbim, mening atrofimdagi olamni Sen yaxshilashingni istayman. Boshqa odamlarga nisbatan adolatli bo‘lish qanchalik muhim ekanligini yodda tutishim uchun yordam ber, ayniqsa __________________ (maktabda, do‘konda va boshqa joylarda bo‘lganimda)”.
13 IYUL. YANGI USLUBDAGI ESKI NAQLLAR
Kalomdan o‘qish: Zabur 36:27-31
Egamiz adolatlidir, U to‘g‘ri ishlarni sevdi, to‘g‘ri yuradigan inson, Uning marhamatidan bahramand bo‘ladi (Zabur 10:7).
Ehtimol, sen ko‘hna, ammo bugungi kunda ommabop bo‘lgan shunday naqllarni bilarsan: “Oxirida kulgan yaxshilab kuladi” yoki “Osmondagi turnadan ko‘ra qo‘ldagi chittak yaxshi”?
Boshqa naqllar vaqt o‘tavergani sayin e’tibordan tushib qolaveradi. Misol uchun, “Asrab qo‘yilgan bir tiyin ham baribir ishlab topilgan”. Bizning inflyatsiya davrimizda tiyinni darhol sarflab yuborish kerak. Mana, yana ayrim misollar:
· Eng oxirida kulgan odam ... hazilni yomon tushunadi.
· O‘z xatolarini tan olgan ...buyuk odam ... biroq o‘sha odamni ham xato qilayotganiniga ishontira olish uchun undan ham buyukroq odam tez-tez kerak bo‘lib qoladi.
· Do‘stlaring kimligini menga ayt, men esa sening kimligingni aytaman.
· O‘rmon kesilganida payraxa uchadi... lekin o‘rmon kesilmasa ham, biz baribir noliyveramiz.
· Kulgin va dunyo sen bilan birgalikda kuladi; yig‘la ...va dunyo shunday yig‘loqi bo‘lganing uchun ustingdan kuladi.
Mayli, bas qilaylik. Yo‘q, shoshmay tur, yana shunday gap ham bor: “Boshqalarga odil bo‘lganlarga... Xudo beradi”. Bu kulgili emas. Biroq bu haqiqat.
Muqaddas Kitobda shunday yozilgan: “Egamiz adolatlidir, U to‘g‘ri ishlarni sevadi, to‘g‘ri yuradigan inson Uning marhamatidan bahramand bo‘ladi” (Zabur 10:7). Bu esa sen boshqalarga nisbatan adolatli bo‘lganingda Xudoga manzur kelishing demakdir. Sen adolatli bo‘lganingda Xudo seni marhamatlashi uchun shunday imkoniyat berasanki, sen adolatsiz bo‘lganingda Xudo bunday qilolmagan bo‘lardi.
Sen Xudoning adolatli bo‘lish haqidagi amrini Uning boshqa amrlari (Levilar 19:13-16; Mixo 6:8) kabi bajarganingda, Xudoning g‘amxo‘rligiga sazovor bo‘lasan. Misol uchun, agar biz adolatli bo‘lsak, boshqalar ham bizga odilona munosabatda bo‘lishadi. Agar biz adolatli bo‘lsak, hurmat e’tiborga erishamiz. Biz adolatli bo‘lganimizda, boshqalar bizga ko‘proq ishonishadi. Biz adolatli bo‘lganimizda, do‘st topishimiz oson kechadi. Biz adolatli bo‘lganimizda, do‘stlarimizni yo‘qotish holatlari kamroq bo‘ladi. Bularning hammasi yaqinlariga adolatli bo‘lgan odamlar uchun Xudoning marhamatidir.
MULOHAZA QILGIN: Nima deb o‘ylaysan, adolatli bo‘lmagan holda Xudoga manzur bo‘lish mumkinmi? Nima uchun “ha” va nima uchun “yo‘q”? Nima deb o‘ylaysan, boshqalarga nisbatan adolatli bo‘lgan kishi o‘zgalarga adolatsiz munosabat bildiradigan odamlarga qaraganda ko‘proq baxtlimi? Nima uchun “ha” va nima uchun “yo‘q”? Sen kimgadir odilona munosabatda bo‘lganing tufayli hayotingda biror yaxshilik yuz berganmi?
IBODAT: “Sevuvchi Rabbim, boshqalarga nisbatan adolatli bo‘lgan kishilarni qanday marhamatlashingni menga ko‘rsat va ulardan biri bo‘lishim uchun ijozat ber”.
14 IYUL. AMALIYOT MUKAMMALLIKKA OLIB BORADI
Kalomdan o‘qish: Luqo 11:5-10
So‘rang, sizga beriladi. Izlang, topasizlar. Taqillating, eshik ochiladi (Matto 7:7).
Gimnastlar televizor orqali chiqish qilganlarida ularni kuzatish qiziq tuyuladi. Ularning halqa bo‘ylab uchishlari va taxta “ot” ustidan sakrab o‘tishlarini tomosha qilish qiziqarli. Gimnastlarning turnikda qanday aylanishlarini va yerga qay tariqa aylanib tushishlarini ko‘rish ham maroqli.
Olimpiada chempionlarini kuzatib, ular o‘z chiqishlarini boshlash uchun qanday tayyorgarlik ko‘rayotganliklariga o‘zing shohid bo‘lasan. Senga ularning yechinish xonasida kutib o‘tirganlarini, arenaga chiqqanliklarini, o‘rindiqlarda o‘tirishganini namoyish etishadi. Ular o‘z navbatlarini kutib, tez-tez tortilib turishadi, egilishadi, qo‘l va oyoqlarini harakatlantirishadi. Bu harakatlar deyarli sezilmaydi, biroq yaxshilab qaralsa ularni ko‘rish mumkin.
Ular nima qilishadi? Ular chigal yozdi mashqlarini bajarishadi. Ular Olimpiya o‘yinlarida qatnashish uchun uzoq yillar mobaynida, toki buni dunyodagi boshqa odamlarga nisbatan yaxshiroq uddalay olmagunlaricha, mashq qilishgan – sapchib aylanishgan, sakrashgan va boshqa harakatlarni yuz marotabalab qaytarishgan. Hozir ular o‘z mashqlarini xayolan takrorlashmoqda. Ular nima qilishlari lozimligini va murabbiylari nima deganini esga olishyapti. Ular ko‘zlarini yumgan holda chiqishni boshlash uchun beriladigan ishorani kutib, mashq qilishmoqda.
Biz masihiylar ham shunga o‘xshash harakatlarni qilishimiz kerak. Biz qaysidir vaqtlarni ko‘zimizni yumgan holda o‘tkazishimiz kerak. Biz o‘tayotgan kunlarimiz va o‘tmish xatolarini tuzatish uchun nimanidir o‘rinli bajara olmaganimiz haqida o‘ylashimiz lozim. Biz Murabbiyimiz (Rabbimiz) so‘zlarini yodda tutib, o‘zimiz bugun duch keladigan to‘siqlar va imkoniyatlarga tayyorlanishimiz kerak. Ibodat chog‘ida bizda yerdagi murabbiylarda bo‘lmaydigan ustunlik bor ekanligini esda tutishimiz lozim: bizning Murabbiy har narsaga qodir. U bizga g‘alaba uchun kuch bag‘ishlashi mumkin.
MULOHAZA QILGIN: Sen haftada necha bora (ibodat chog‘ida )ko‘zlaringni yumib vaqt o‘tkazish zarurligi haqida eslab turasan? Ikki martami? Uchmi? To‘rt marotabami? Bundan ko‘pmi? Yoki kamroqmi? Nima deb o‘ylaysan, agar har bir kuningni xuddi Olimpiada musobaqasi deya hisoblab, shu kunning to‘siqlari va imkoniyatlariga tayyorlanishing uchun o‘n o‘n besh daqiqalik vaqtingni ibodat bilan boshlasang nima bo‘ladi? Nima deb o‘ylaysan, shu kuni qarorlar qabul qilishing oson kechadimi yoki qiyin? O‘z javobingni tushuntirib ber.
IBODAT: “Rabbim, har bir kunni ko‘zlarimni yumib, Sen haqingdagi fikrlar bilan boshlashim uchun menga yordam ber”.
15 IYUL. EDISONNING OMADSIZLIGI
Kalomdan o‘qish: 2 Korinfliklar 12:6-10
Ojiz bo‘lgan paytimda Masihning qudrati bilan kuchli bo‘laman (2 Korinfliklar 12:10).
EHTIMOL, sen qachonlardir Tomas Edison haqida eshitgandirsan. U bundan yuz yil muqaddam yashab o‘tgan buyuk kashfiyotchi edi. Bizni qurshab turgan ko‘plab narsalar, bu elektr lampochkasi, magnitofonlar, kino sohasidagi texnikalar bo‘lsin, hamma joyda uning kashfiyotlaridan foydalanishadi (u hammasi bo‘lib 1093 ta kashfiyotini patentlashtirgan).
U uzoq va tirishqoqlik bilan yangi turdagi batareyalar yaratish ustida ishladi. Olim turli kimyoviy unsurlar, metall va qurilmalar bilan tajriba o‘tkazib ko‘rdi, goh unisini, goh bunisini sinovdan o‘tkazdi. Ayrim tajribalar yaxshiroq chiqqan bo‘lsa, boshqalari yomon chiqdi, biroq u uzoq vaqt mobaynida kerakli natijaga erisha olmadi.
Kunlardan birida batareyalar ustida izlanayotgan Edison oldiga do‘sti keldi. Edison o‘n ming tajribadan keyin ham ko‘zlagan maqsadiga erisha olmayotganini aytdi.
– Nima? – do‘sti hayron qolib so‘radi. – Sen o‘n ming marotaba muvaffaqiyatsizlikka uchradingmi?
– Bu muvaffaqiyatsizlik emasdi, – deya javob qaytardi Edison. – Men ish bermaydigan o‘n mingta usulni kashf etdim.
Edisonning do‘stiga muvaffaqiyatli yakunlanmagan tajriba – omadsizlik bo‘lib tuyulgandi. Biroq Edison uchun bu boshqacha ko‘rinish olgandi.
Biz ham omadsizlik va gunohni chalkashtirib yuborganimizda shunday xatoga yo‘l qo‘yamiz. Xudo bizning xayotimiz xatoliklardan xoli bo‘lishini kutmaydi. U bizning intilishimizni va ko‘p bora (hattoki, o‘n ming marotaba) muvaffaqiyatsizlikka uchrashimizni biladi. Zotan, sen velosiped haydashni o‘rganishga uringaningda, birinchi o‘n marotabada buni uddalay olmagansan, biroq sen taslim bo‘lib qolmagansan, to‘g‘rimi?
Biz gunohga botmagan holda muvaffaqiyatsizlikka uchraganimizda Xudo bizdan g‘azablanmaydi. Ko‘rayapsanmi, gunoh bu biz Xudoga manzur bo‘lmaydigan tarzda o‘z holimizcha ongli ravishda ish tutganimizda yuzaga keladi. Gunoh – bu, biz qay tariqa to‘g‘ri yo‘l tutishni bilgan holda shunday qilishga xohish yo‘qligi demakdir: boshqacha qilib aytganda, bu Xudoga itoat etishni istamaslikdir.
Xullas, sen xatolardan qo‘rqmagin. Biz hammamiz xato qilamiz. Ayrimlar hattoki o‘n ming martalab! Sen shunchaki Xudoning yo‘lidan – to‘g‘ri yo‘ldan borgin, – o‘z yo‘lingdan emas, ana shunda Xudo sening xatoingni yaxshilikka aylantiradi!
MULOHAZA QILGIN: Gunoh va xato o‘rtasida qanday farq bor? Gunoh – hamisha ham xatomi? Xato esa – har doim ham gunohmi? O‘zing gunoh qilmagan holda qanday xatoga yo‘l qo‘yganing haqida o‘ylab ko‘r. Bugun cho‘ntagingda kichkinagina batareyani olib yur, u senga shuni eslatib tursin: sen cho‘chiydigan yagona xato – bu, Xudoga itoat etishni istamaslikdir.
IBODAT: “Rabbim, hech kim xato qilishni yoqtirmaydi, biroq xato – hamisha ham gunoh emasligini eslab turishim uchun yordam ber. Men nima to‘g‘ri ekanligini bilganimda to‘g‘ri yo‘l tutishim uchun yordam ber”.
Kalomdan o‘qish: Matto 4:1-11
U ojizliklarimizga hamdard bo‘la oladi. Axir, U biz kabi har tomonlama sinalgan, lekin bizga o‘xshab gunoh qilmagan (Ibroniylar 4:15).
“SIZ KAN’ON YANGILIKLARINI KO‘RYAPSIZ!”
Kamera oldida yangiliklar boshlovchisi tabassum qilgan holda paydo bo‘ladi: “Salom, men hozirda ta’tildagi Pyotr Iyexoniyaning o‘rnida boshlovchilik qilayotgan Dan Virsaviyaman. – Boshlovchi o‘giriladi, tabassum qilishda davom etganicha boshqa kameraga qaraydi: – Bizning bugungi oqshomdagi asosiy yangiligimiz: Yahudiya cho‘llaridagi mojaro”.
Boshlovchining ortida Yahudiya cho‘llari ajratib ko‘rsatilgan Isroilning xaritasi paydo bo‘ladi.
“Nosiralik Iso deganlari g‘aroyib kuchga ega ekan, u kecha Iordan daryosida, ayrimlar payg‘ambar deya ataydigan serg‘ayrat qarindoshi Yahyo tomonidan suvga cho‘mdirilgan ekan”.
Ekranda shunday manzara namoyon bo‘ladi: bitta soqolli erkak boshqa bir soqolli erkakni cho‘mdirmoqda.
“Noma’lum manbalarning xabar berishicha, qisqa muddatli marosimdan so‘ng samodan kaptar uchib kelib Isoning boshiga qo‘ndi, shundan keyin momaqaldiroq gumburlab, ayrimlar Yaxvening, Isroil Xudosining ovozini eshitishdi”.
Ekranda tag‘in tabassum qilayotgan boshlovchi paydo bo‘ladi:
“Biroq, – deydi u, – o‘sha ma’lumot beruvchilarning aytishicha, Nosiralik Iso Yahudiya cho‘llarida ko‘zdan pana bo‘lib, keyingi qirq kun mobaynida ro‘za tutadi va ...shaytonning vasvasalariga duchor etiladi! Agar ushbu xabar to‘g‘ri bo‘lsa, bu holda vasvasaga tushish Isoning diniy va ruhiy yetakchi sifatidagi obro‘-e’tiborini shubha ostiga qo‘yadi, bu hattoki... – Boshlovchi qo‘lini ko‘tarib kimningdir gapini eshitgan holda bir daqiqa qotib qoladi: – Nima? Xo‘sh, nima bo‘pti? – U suflyorni tinglayotgandek kameraga ikkilanib qarab qoladi. So‘ng yo‘taladi: – Men harqalay shoshildim, shekilli. Bizning axborotchilarimiz vasvasaga duchor bo‘lishdek hech qanday uyatli va mojaroli holat bo‘lmaganini aytishmoqda, yo‘q, – u tag‘in yo‘taladi. – Zotan, Isoning diniy va ruhiy yetakchi sifatidagi nufuzi faqatgina U vasvasaga taslim bo‘lganida xavf ostida qoladi. Bunday hodisa haqida esa hech kim xabar bergan emas”.
MULOHAZA QILGIN: “Nima deb o‘ylaysan, vasvasaga berilish gunohmi? Seningcha, Iso vasvasaga duchor bo‘lganida gunoh qilganmi? Agar shunday bo‘lmasa, bu holda vasvasa va gunoh o‘rtasida qanday farq bor? Sen qachonlardir vasvasaga duch kelganmisan? Qay tariqa? Sen unga qanday yondashding?
IBODAT: “Xudoyim, menga gunoh va vasavasa o‘rtasidagi farqni ko‘rsatib berganing uchun Senga rahmat. Vasvasaga berilmasligim uchun yordam ber, ayniqsa ____________ (kimnidir so‘kib yuborgim keladi; do‘stlarim undagani uchun nimadir yomon ishlar qilgim keladi va hokazolar)”.
17 IYUL. MEN ZAIF BO‘LGANIMDA...
Kalomdan o‘qish: Luqo 4:1-4
Sahroda Isoni iblis qirq kun vasvasaga soldi. O‘sha kunlar davomida Iso hech narsa yemadi, oxiri och qoldi (Luqo 4:2).
SEN BOLALAR BILAN regbi o‘ynayotganingni tasavvur qil. Agar senda raqibni tanlash imkoniyati bo‘lganida, sen kimning yo‘nalishi bo‘ylab yugurgan bo‘larding:
· ko‘changdagi eng baquvvat bola turgan yo‘nalish bo‘yichami
· eng kichkina va oriq bolaning yo‘nalishi bo‘ylabmi?
Yoki mehnat darsi o‘qituvchisi senga yog‘och bo‘lagini yo‘nishni buyurdi. Sen yog‘ochning bir uchi yo‘g‘on, narigi uchi esa ingichka ekanligiga e’tiboringni qaratding. Sen:
· yo‘g‘on tarafidan yo‘nishni boshlaysanmi
· ingichka tarafidanmi?
Yoki deylik, sen ota-onangdan pul so‘ramoqchisan. Sen :
· Ular senga nisbatan jahllanib turishganida so‘raysanmi (misol uchun, ular seni uylaringdagi itni urayotgan paytda uchratib qolganlarida)?
· Ular sendan faxrlanib turishganida so‘raysanmi (misol uchun, BMT seni “yilning eng ajoyib o‘quvchisi” deb e’lon qilgan paytda)?
Sen qaysi variantni tanlaysan? Agar sen ahmoq bo‘lmasang, kichkina va ozg‘in bola bilan o‘yinda to‘qnashishni hamda yog‘ochning ingichka uchini yo‘nishni afzal ko‘rasan. Agar sen ahmoq bo‘lmasang, ota-onang sendan faxrlanib turishganida ulardan pul so‘raysan (biroq ota-onangga biz maslahat berganimizni aytmagin!).
Xullas, bilib qo‘y: iblis ham ahmoq emas. U sening kuchli tarafingdan vasvasaga solmaydi; u seni zaif tomoningdan vasvasaga soladi. U Iso bilan ham xuddi shunday yo‘l tutgan. Iblis sahroda Isoning oldiga kelganida och edi, hoynahoy, U yolg‘iz bo‘lgan, U charchagan (Matto 4). Mana nima uchun iblis Unga yegulik taklif etgan. Va qo‘llab- quvvatlashni. Qulaylikni.
Ehtiyot bo‘l, zero shayton sen bilan ham xuddi shunday yo‘l tutadi. Sen zaif bo‘lganingda noto‘g‘ri ishlar qilish uchun vasvasa uyg‘onadi. Tayyor bo‘l. Hushyor turgin. Zaif bo‘lganingda Xudoning madadiga tayanishga tayyor bo‘l.
MULOHAZA QILGIN: Sen oxirgi marotaba qachon noto‘g‘ri yo‘l tutganing haqida eslagin. Sen zaif holatingda shunday qildingmi (yolg‘iz bo‘lganingda, charchaganingda, hafsalang pir bo‘lganida va hokazo)? Sen qachon o‘zingni zaif his qilasan? Yolg‘izlik hissiga qarshi kurashishingga to‘g‘ri kelganmi? Ochlikkachi? Charchoq hissigachi? Yoki boshqa yana nimaga? Nima deb o‘ylaysan, vasvasaga berilmaslik uchun bunday zaif damlarga qarshi qanday tayyorlanish kerak?
IBODAT: “Iso, Sen zaif bo‘lganingda vasvasaga qarshi turasan. Marhamat qilib, ayniqsa zaif bo‘lganimda ehtiyotkor bo‘lishim kerakligi haqida eslab turishimga yordam ber. Marhamat qilib, meni vasvasa qurshaganida Sening kuchlaringga tayanishim uchun yordam ber”.
Kalomdan o‘qish: Luqo 4:5-8
Iso javob berib:
– Yo‘qol oldimdan shayton! Tavrotda: “Egang Xudovandga sajda qil, birgina Unga itoatda bo‘l”, deb yozilgan, – dedi. (Luqo 4:8).
ADABIYOT DARSIDA insho yozish unchalik ham oson emas. Buning uchun qachonlardir yashab o‘tgan va g‘alati tillarda gapirishgan odamlar haqida yozilgan yuzlab sahifalarni o‘qib chiqishga to‘g‘ri keladi. Aksariyat hollarda gap nima haqda borayotganini tushunmay qolasan.
Tasavvur qilgin-a, senga “Devid Kopperfild” asari bo‘yicha insho yozishni topshirishdi. Agar unda Ozodlik Haykalini g‘oyib bo‘lishga majbur qilgan sehrgar haqida gap bormaganida, asar unchalik qo‘rqinchli tus olmagan bo‘lardi (tashvishlanma, sehrgar uni joyiga qaytarib qo‘ygan). Yo‘q, hozir gap boshqa Devid Kopperfild haqida bormoqda. O‘sha yigit Angliyada yashagan bo‘lib, bu haqda Skrudj, Oliver Tvist va boshqalar haqida qalam tebratgan adib Charlz Dikkens yozib qoldirgan.
Ammo shoshmay tur! Bu asar bo‘yicha bir qancha filmlar suratga olingan. Sen shunchaki ushbu filmlardan birini tomosha qilib, so‘ngra insho yozishing mumkin. Shunda katta va zerikarli kitobni o‘qib chiqishingga aslo hojat qolmasdi, to‘g‘rimi?
Noto‘g‘ri. Senga bu yaxshi fikr bo‘lib tuyulishi mumkin, biroq muammo shundaki, senga film asosida emas, balki kitob asosida insho yozish topshirilgan, agar sen shunday yo‘l tutsang, demak, aldagan bo‘lasan (hattoki o‘z yolg‘oningni qog‘ozga ham tushirasan!), yolg‘on esa gunohdir. Odatda kinoda ko‘plab tafsilotlarni qoldirib ketishadi, sen biror bir muhim masalani tashlab o‘tishing mumkin (va bu eng so‘ngida ma’lum bo‘ladi).
Bu vasvasa bo‘lgan bo‘lardi, to‘g‘rimi? Gap ana shunda. Ko‘pgina hollarda vasvasa “eng yaxshi yo‘l” kabi namoyon bo‘ladi. U bizga shunday deydi: shunday qilginki: oson bo‘lsin, tez bo‘lsin, arzon bo‘lsin.
Mana iblis sahroda Isoga nimani singdirmoqchi bo‘lgan (Matto 4:6-8). Iblis mabodo Iso unga bo‘ysunsa, shonu shuhrat va hukmronlikni va’da qilgan. Biroq Iso bu tuzoqqa ilinmadi. U O‘zining xochga mixlanishi va o‘limidan so‘ng barcha shonu shavkat va hukmronlikka ega bo‘lishini bilgan. U qisqa yo‘ldan borishga undaydigan vasvasaga qarshilik ko‘rsatgan.
Senda qisqa yo‘ldan borish vasvasasi uyg‘onishi mumkin. Balki, sen inshoni ko‘chirib (o‘qib o‘rganish o‘rniga), yaxshi baho olishni istab qolarsan. Ehtimol, senda onangni hamyonidan yuz so‘mni o‘g‘irlab olib (o‘zing pul yig‘ish o‘rniga) yangi kompakt-disk sotib olish vasvasasi qo‘zg‘ab qolar.
Iblis senga shunday deb shivirlaydi: “Bo‘laqol, mana shu osonroq!” yoki “Bu holda tezroq bo‘lasan!”, “Shunday qilsang arzon bo‘ladi!” Biroq o‘zingni aldashingga yo‘l qo‘yma. Mabodo shunday qilsang, yutqazib qo‘yasan.
MULOHAZA QILGIN: Senda qachonlardir biror masalani osonroq, tezroq yoki arzonroq tarzda hal etishga vasvasa bo‘lganmi? Iso shunday deydi: “Halokatga olib boradigan darvoza enli, yo‘li ham kengdir. Bu yo‘ldan yurayotganlar ko‘p. Hayotga olib boradigan eshik esa juda tor, yo‘li ensizdir. Bu yo‘lni topadiganlar oz” (Matto 7:13-14). Boshqacha qilib aytganda, ko‘pchilik odamlar oson yo‘lni qisqa yo‘lni tanlashadi, biroq bu yo‘l jahannamga olib boradi. Ushbu haftada (va hamisha) qisqa yo‘ldan borish vasvasasidan qochish uchun e’tiborli bo‘lgin.
IBODAT: “Rabbim, vasvasa hattoki qisqa yo‘lni ko‘rsatganida ham unga qarshilik ko‘rsatishim uchun yordam ber”.
Kalomdan o‘qish: Luqo 4:9-14
Iblisga qarshilik ko‘rsatinglar, shunda u sizlardan qochadi (Yoqub 4:7).
SENGA QACHONLARDIR o‘zing ocholmaydigan bankaning qopqog‘ini ochishingga to‘g‘ri kelganmi? Sen oxirgi marotaba qachon biror og‘ir narsani ko‘tarishga urinib ko‘rgansan, misol uchun, xonangdagi axlat qutisini ko‘targanmisan? Biz senga foydali maslahat berishimiz mumkin.
Charlz Atlas bodibilding bo‘yicha mashhur chempion edi. U mushaklarni rivojlanishiga yordam beradigan, ya’ni izometrik mashqlar deb ataladigan mashqlar tizimini ishlab chiqqan. Ular kuchni oshirish uchun nihoyatda foydali. Sen izometrik qoidalar asosida ishlaydigan trenajerlarni sotib olishing mumkin, biroq bu mashqlarning yaxshi jihati shundaki, sen ularni uyingda bemalol bajarishing mumkin.
Sen o‘zing sura oladigan, torta oladigan yoki ko‘tarib ko‘rishga urinsa bo‘ladigan, biroq joyidan qo‘zg‘ata bo‘lmaydigan biror nimani topgin. So‘ngra esa o‘shani surishga, tortishga yoki ko‘tarishga urinib ko‘rgin. G‘alati eshitiladi, to‘g‘rimi? Biroq amalda bu ish beradi. Misol uchun, sen qo‘llaringni kuchini oshirmoqchisan. Mana senga bu maqsadga erishmog‘ing uchun yordam beradigan ikkita izometrik mashqlar.
1. Ko‘kraging balandligida kaftlaringni birlashtirgin. Ilojing boricha qo‘llaringni qattiq siq (sen qo‘llaringni ajratmagan holda qarama-qarshi qisqa itarishing yoki uzoq vaqt tirab turishing mumkin).
2. Eshik kesakisi tomonida tur. Eshik kesakisiga qo‘lingni yelka kengligida qo‘ygin va itargin. (Buni ham siltab yoki qo‘lingni eshikdan uzmagan holda qilishing mumkin.)
Agar sen ushbu mashqlarni bir necha marotaba bajarsang (uzoq vaqt emas) mushaklaring og‘riyotganini his qilasan. Garchi sening qo‘llaring harakatlanmagan bo‘lsada, bilaklaring mashq qilishdi.
Agar sen bu mashqlarni bir necha kun davomida bajarsang va shundan so‘ng bankani ochishga urinsang (yoki xonadagi axlatni olib chiqmoqchi bo‘lsang), bu izometrik mashqlar qanchalik foydali ekanligini bilib hayron qolasan. Qarshilikdan foydalanib, sen mushaklaringni chiniqtirasan.
Demak, vasvasa izometrik mashqlarga o‘xshaydi, faqat ular ruhiy mushaklar uchun kerak bo‘ladi. Sen qarshilik qiladigan har bir vasvasada tobora kuchga to‘lasan. Qarshilik sening jismoniy va ruhiy mushaklaringni mashq qildiradi. Sen jismoniy mushaklaringni mashq qildirganingda, bankalarni ochish va qutilarni ko‘tarishing oson kechadi. Sening mushaklaring qanchalik baquvvat bo‘lsa, vasvasaga qarshi turishing shunchalik yengil bo‘ladi.
Nima uchun buni hozirning o‘zida boshlamaslik kerak? O‘z ruhiy mushaklaringni mashq qildirgin; bugun vasvasaga duch kelganingda e’tiborli bo‘lgin va (Xudoning yordami bilan) yana va yanada kuchliroq bo‘lasan.
MULOHAZA QILGIN: Hozir qaysi bir vasvasaga qarshi turishing hammasidan qiyin kechmoqda? Nima deb o‘ylaysan, sen bugun bu vasvasalardan har biriga bir marotabadan qarshilik qila olasanmi? Vasvasaga ilk bora duch kelganingda, unga (Xudoning yordami bilan) qarshilik ko‘rsatishga urin, shunda keyingi safar bu senga oson bo‘ladi.
IBODAT: “Rabbim, o‘tinaman, bugun vasvasaga qarshi turishim uchun yordam ber. Marhamatingni darig‘ tutmay, men duch keladigan yangi vasvasalar qarshisida meni kuchli qilishing uchun har bir yutuq, har bir g‘alabadan foydalangin”.
20 IYUL. SEN – SHIMSHO‘N KABISAN
Kalomdan o‘qish: Hakamlar 16:6, 16-21
Bir kuni Dalila Shimsho‘nga yalinib: Iltimos, buyuk kuchingiz sirini menga aytib bering, dedi (Hakamlar 16:6).
SEN Shimsho‘n haqidagi voqeani eshitgansan, to‘g‘rimi? U birinchi kulturist, birinchi superyulduz-sportchi bo‘lgan. Uning mushaklari Silvestr Stallone kabi, tabassumi Tom Kruzniki singari, sochlari esa Fabioniki kabi bo‘lgan.
Shimsho‘n hali tug‘ilmasidan avval uning onasiga farishta namoyon bo‘lib, u o‘g‘il ko‘rishini va “boshiga ustara” tegmasligini, negaki u “Xudoga nazr” qilinishini aytadi (Hakamlar 13:5). Shimsho‘n ulg‘ayib, o‘zining Xudoga bag‘ishlanganligi haqidagi alohida bir maqsadidan xabar topadi va Muqaddas Kitobda aytilishicha, “Egamizning Ruhi uni boshqara boshladi” (Hakamlar 13:25). Shimsho‘n tez orada o‘z xalqi orasida amalga oshirgan ko‘plab qahramonliklari bois mashhur bo‘lib qoldi; o‘zining jismoniy kuch-quvvati va filistlar (bizdagi voqeada ular “yomon bolalar” deb atalgan) ustidan qozongan talaygina g‘alabalari tufayli dovruq qozondi.
Biroq Shimsho‘nning ham bir kattagina zaifligi bor edi: unga go‘zal ayollar yoqardi. Kunlardan birida u Dalila ismli ayolni yoqtirib qoldi, filistlar esa Shimsho‘n nihoyatda kuchli bo‘lganligi tufayli uni ushlay olmasdilar va endi o‘sha ayol Shimsho‘n qudratining sirini bilib olishi uchun uni o‘zlariga og‘dirib oldilar. Qisqacha qilib aytganda, Shimsho‘n o‘shanda Dalilaga shunday dedi: “Biron marta ham ustara boshimga tegmagan. Chunki onamning qornidayoq Xudoga nazr qilinganman. Agar sochimni oldirsam, kuchim yo‘q bo‘ladi va men el qatori kuchsiz bo‘lib qolaman” (Hakamlar 16:17). Shimsho‘n uxlab qolganida esa, Dalila shu zahotiyoq uning sochini olib tashladi! Filistlar kelib Shimsho‘nni bog‘ladilar, ko‘zlarini o‘yib, asir qilib olib ketdilar.
Ko‘plab odamlar Shimsho‘nning tarixini o‘qib, uning kuchi sochida bo‘lgan, deya xato fikrlashadi. Biroq kuch uning sochida emasdi; bu kuch Xudodan kelib turardi! Sochlari shunchaki uning Xudoga bo‘lgan sadoqati ramzi edi. Filistlar uni qo‘lga olishdi, zero u “Egamiz uni tark etgan”idan bexabar edi.
Sen ham xuddi Shimsho‘nga o‘xshaysan. Ha albatta, sening baquvvat mushaklaring yo‘q, biroq sen mana nima masalada unga o‘xshaysan: sendagi kuch Xudodan kelib turadi. Bu esa sening vasvasaga qarshi tura olish layoqating Xudodan hosil bo‘lishini anglatadi. Sen o‘zing hech qachon vasvasaga qarshi turolmaysan. Sen vasvasa va gunohni faqat Xudoning kuch-qudrati va Uning Ruhining ishtiroki bilangina yengib chiqishing mumkin.
MULOHAZA QILGIN: Xudoning madadi bilan vasvasaga qarshi tura olishing uchun sen ibodat qilishing va Unga ishonishing kerak. Quyidagi satrlarni ovoz chiqarib o‘qigin, so‘ngra esa Xudoning qudratini izlaganingda ularga amal qil:
· Vasvasaga duchor bo‘lishdan avval men ibodat qilaman (Xudoning kuch-qudrati menga kun davomida hamroh bo‘lishi uchun men shu qudratni izlayman).
· Vasvasaga duch kelganimda ibodat qilaman (shu paytda Xudoning kuch quvvatini izlayman).
· Vasvasani yengib chiqib, ibodat qilaman (Xudoga g‘olib chiqqanim uchun minnatdorchilik bildiraman).
IBODAT: “Rabbim, vasvasaga qarshi chiqishim uchun men yetarli darajada kuchli emasman, biroq men Sening har narsaga qodir ekanligingni bilaman. Bugun menga iblisning hujum qilishiga qarshilik ko‘rsatishim uchun yordam ber”.
21 IYUL. SEN MENING ONAM EMASSAN!
Kalomdan o‘qish: Chiqish 20:1-7
Men ... Egangiz Xudoman (Chiqish 20:2).
“DINOZAVRLAR” DEB NOMLANGAN BIR TELEVIZION SHOUDA dinozavrlar oilasi ko‘rsatiladi: ona, ota, o‘g‘il va go‘dak. Ba’zan kimdir go‘dakni gapga unatishga urinadi. Biroq go‘dak odatda o‘sha dinozavrning boshiga tova bilan urib shunday deya baqiradi: “Sen mening onam emassan!”
Taxminan ushbu shouni ko‘rsatishgan paytda bitta qizaloq ham qayerdadir yashardi. Uning ammasi qizaloqqa turli ko‘rsatmalarni yumshoqlik bilan berishga urinardi: “Azizam, iltimos, bu itchani duxovkaga solmagin!” Lekin qizaloq xuddi dinozavr kabi qovog‘ini uyib qat’iy ohangda javob qilardi: “Siz mening onam emassiz!”
Ehtimol, sen shunday javoblarni boshqa odamlardan ham eshitgandirsan. Balki, sen kimgadir yordam berishga yoki yumshoqroq tarzda e’tiroz bildirishga uringandirsan: “Menga qarangin-a, balki o‘qituvchini dam olish kunlarida muzlatgichga tiqib qo‘yishning hojati yo‘qdir?” va sen javoban ushbu so‘zlarni eshitgandirsan: “Sen menga boshliq emassan!”
Dinozavr bolasi va qizaloq ham boshqalarning nima qilish lozimligi haqida ko‘rsatma berish huquqini tan olmaganlari uchun shunday javob qaytarishgandi; ular faqat o‘z onalarini tan olishardi. “Sen menga boshliq emassan!” deb aytadigan odam ham deyarli shu tariqa fikrlaydi.
Bu kabi e’tirozlarni biz tez-tez eshitib turamiz, negaki ko‘pchiligimizga kimdir nima qilishni aytsa yoqmaydi, ayniqsa bu bizning onamiz bo‘lmasa! Biz o‘zimiz qaror qabul qilishni istaymiz.
Biz hattoki o‘zimiz nima yaxshiyu, nima yomon ekanligini hal qilishga urinamiz. Biz Xudo nima deganini unutamiz (yoki e’tibor bermaymiz) va o‘z shaxsiy qoidalarimizni o‘rnatamiz. “Shunday qilsa bo‘ladi, negaki hamma shunday yo‘l tutadi” deymiz. Yoki aytamizki: “Bir marta shunday qilib ko‘rish mumkin”.
Biroq biz qanchalik o‘zimiz uchun boshliq bo‘lishga urinmaylik, bu ish bermaydi. Xudo nima yaxshiyu, nima yomon ekanligini aytgan, U esa bizning Rabbimiz. Bizlardan hech kim Uning ishini bajarolmaydi. U - osmon va zaminda “boshliq”, U nima yaxshiyu, nima yomon ekanligini hal etishimiz uchun emas, balki tushunib olishimiz uchun yordam beradi. Bizning vazifamiz Unga itoat etish va Uning yordami bilan Uning aytganlarini bajarishdan iborat. Va agarda biz shunday yo‘l tutsak, bu holda Xudo eng yaxshi “boshliq” ekanligini anglab yetamiz.
MULOHAZA QILGIN: Sening qancha “boshliq”laring bor? Sen qachonlardir o‘zing uchun boshliq bo‘lishga uringanmisan? Sen o‘z shaxsiy qoidalaringni o‘rnatish uchun Xudoning aytganlarini unutib qo‘yganmisan? Sen qachonlardir shunday deganmisan: “Hamma ham shunaqa qiladi” va hokazo? Agar shunday bo‘lsa, bu so‘zlarni tez-tez aytasanmi? Agar keyingi kunlarda tag‘in shunday desang, Xudo osmon va zaminning “boshlig‘i” ekanligini va U senga nima yaxshiyu, nima yomon ekanligini tushunib olishing uchun yordam berishini yodingga ol.
IBODAT: “Mehribon Xudoyim, men ba’zan Sen ezgulik va yovuzlik haqida aytganlaringni unutib qo‘yishimni tan olaman. Ba’zan men o‘z shaxsiy qoidalarimni o‘rnatishga urinaman. Sening so‘zlaringni yaxshiroq eslab qolishim va ularni bajarishim uchun yordam ber”.
22 IYUL. NUHGA QILINGAN TELEFON QO‘NG‘IROG‘I
Kalomdan o‘qish: Ibtido 6:9-22
Nuh hamma narsani Xudo amr etganday qildi (Ibtido 6:22).
Nuh ustaxonasida ishlayotganida o‘g‘li Xom qo‘lida mobil telefoni bilan oldiga kirib keldi. (Ha albatta, o‘sha davrlarda mobil telefonlari bo‘lmagan, biz shunchaki hazillashyapmiz, maylimi?)
– Allo? – deydi Nuh. U bir muddat telefon orqali gapirayotgan kimningdir so‘zlarini jim turib eshitdi. – Bu kim o‘zi? ...Nima, mening ustimdan kulyapsizmi?... Yo‘q, yo‘q... yo‘q, ey Xudoyim, go‘shakni qo‘yib qo‘yma! Men Senga ishonaman... Shunchaki... bilasanmi, axir har kuni ham Yaratguvchi bilan telefon orqali gaplashishga to‘g‘ri kelmaydi.
Nuh tag‘in jim qolib diqqat bilan tinglay boshladi.
– Ha, to‘g‘ri, Xudoyim, Sen haqsan. Hammasi juda yomon. Men har kuni ertalab hovlida o‘n va hattoki yigirmatalab bo‘sh pivo idishlari yotganini nazarda tutyapman.
Nuhning ko‘zlari Xudoning keyingi so‘zlarini eshitganida yanada kengayib ketdi:
– Nima... Sen... rostdan ham ...
U yutinib olib qat’iy ohangda so‘radi:
– Sen shunday qilishingga ishonching komilmi, Xudoyim? Men aytmoqchi edimki, biz hammamiz albatta gunohkorlarmiz, ammo balki Muqaddas Kitob saboqlaridan dars berishimiz yoki shunga o‘xshash... Eh, men unutib qo‘yibman-ku! Muqaddas Kitobni hali yozishmagan, axir.
Nuh to‘satdan qalamini chiqarib bir parcha qog‘ozga telefon orqali berilgan ko‘rsatmalarni tez yoza boshladi.
– Xo‘p, – dedi u, – uzunasiga bir yuz o‘ttiz yetti metr... xo‘sh... yigirma uch metr eniga va balandligi o‘n to‘rt metr. – U taajjub bilan raqamlarga qarab chiqdi. – Biroq bu juda katta kema-ku, Xudoyim, – u hayqirib yubordi. – Nihoyatda katta!
U yozishni bas qilib, tag‘in diqqat bilan tinglay boshladi. U eshitganlariga ishona olmasdi:
– Xudoyim, Sen nima so‘rayotganingni tushunayapsanmi? – dedi u nihoyat. – Aytmoqchimanki, tanishlarim meni aqldan ozib qolgan deb o‘ylashadi! Va buning yog‘ochiga oilamiz to‘plagan hamma pulni sarf qilishimizga to‘g‘ri keladi, biz esa bu pulga Furot daryosi bo‘yida ta’tilni o‘tkazmoqchi edik. Xotinimga endi nima deyman?
U yana bir muddat tinglab turdi, yana gapira boshlaganida esa uning ovozi xotirjam va qat’iy edi:
– Ha Hudoyim, Sen haqsan. Men buni bilaman. Men buning oson bo‘lmasligini bilaman, lekin men buni amalga oshiraman... Yaxshi. Qo‘ng‘iroq qilganing uchun rahmat.
“Bu nodonlik bo‘ldi, – deya o‘yladi u go‘shakni qo‘yar ekan. – Borliqning Yaratuvchisi senga qo‘ng‘iroq qildi, sen esa Unga buning uchun minnatdorchilik bildirayapsan!”
MULOHAZA QILGIN: Nima deb o‘ylaysan, Nuh uchun “Xudo unga buyurganidek barchasini bajarish” oson kechganmidi? Nima uchun “ha” va nima uchun “yo‘q”? Nima deb o‘ylaysan, Nuhda hammasidan voz kechish va u kemani qurgan yillarida bu haqdagi fikrini o‘zgartirish uchun vasvasa bo‘lganmi? Nuh uchun bir qarorga kelish qiyin bo‘lganmi yoki oson yoxud bunday qarorga kelish sen uchun ham odatda qiyin kechadimi? Nima uchun to‘g‘ri qarorga kelish qiyin bo‘lsada baribir to‘g‘ri qaror qabul qilish muhim hisoblanadi?
IBODAT: “Rabbim, ba’zan men odamlar ustimdan kulishlaridan qo‘rqib to‘g‘ri yo‘l tutishdan qo‘rqaman. Marhamat qilib, Sen haqingda va to‘g‘ri qarorning muhimligi haqida yodda tutishim uchun yordam ber”.
23 IYUL. O‘YIN MAYDONI ATROFIDAGI TO‘SINLAR
Kalomdan o‘qish: Galatiyaliklar 3:23-24
Ey Egam, qoidalaring menga, O‘z qulingga o‘git beradi, Qoidalaringga itoat etganlar buyuk mukofot oladi (Zabur 18:12).
KO‘PLAB BAXTIYOR BOLALAR O‘YNAYOTGAN O‘YIN MAYDONCHASINI tasavvur qilib ko‘rgin. Ular zinachalardan o‘rmalab chiqishadi, o‘tish joylari, quvurlarga tirmashadilar, tepalikdan pastga sirpanib tushishadi, qal’ani olish uchun qaroqchilar o‘yinini o‘ynashadi. Kimdir arg‘imchoqda uchadi. Ular kulishadi, shamol ularning sochlarini hilpiratadi. Bolakaylar qumdonga o‘rmalab kirib, iliq qumni qazishadi va undan uylar yasashadi. Kimdir arg‘imchoqda uchadi.
Xo‘sh, agar o‘yin maydoni to‘rt tarafdan baland to‘sinlar bilan o‘rab olinganida nima bo‘lardi? Bundan uning ko‘rinishi jozibasiz tus olgan bo‘larmidi? Bolalar xohlagan paytlarida to‘sin tashqarisiga chiqishlari mumkin, lekin ular o‘yinni istashsa ichkarida qolgan bo‘lishardi.
Maydonni devor bilan o‘rab olish qattiqqo‘llik emasmi? Yo‘qmi? Nima uchun yo‘q?
“Xo‘sh, – deysan sen, – ba’zan maydon atrofini to‘sinlar bilan o‘rab olishadi, negaki u shundoqqina ko‘chaning yonida joylashgan bo‘ladi. Mabodo to‘sinlar bo‘lmasa, bolalar ko‘chaning o‘tish joyiga yugurib chiqib mashina ostiga tushib qolishlari mumkin. Balki maydon ko‘l yoki hovuzning yonginasida bo‘lib, bolalarning cho‘kib ketish xavfi bordir. Ehtimol, bolalarning o‘ynashiga o‘tkinchilar xalal bermasliklari uchun to‘sinlar qurishgandir”.
Va sen haqsan. Biz bilamizki, maydonlar atrofidagi to‘sinlar borligi yaxshi; ular bolalarni himoya qiladi va ularning o‘z istaganlaricha xursandchilik qilishlariga yordam beradi.
Xudoning amrlari ham shu kabi ishlaydi. Ular - qandaydir qattiqqo‘l cheklovlar emas. U bizga erkinlikdan zavq olishimiz va ayni paytda xatardan himoyalanishimiz uchun amrlar (“O‘g‘irlik qilma”, “Yaqiningni sevgin” va “Ota-onangni hurmat qilgin”) bergan. Uning amrlari xuddi o‘yin maydoni atrofidagi to‘sinlarga o‘xshaydi: ular bizni himoya qilishadi va xavfsizlikda xursandchilik qilishimizga imkon beradi.
MULOHAZA QILGIN: Muqaddas Kitobdan bugun o‘qiladigan oyatda Pavlus Xudoning qonunlari haqida nima deydi? Xudoning amrlari o‘yin maydoni atrofidagi to‘sinlarga nimasi bilan o‘xshaydi? Nima deb o‘ylaysan, Xudoning amrlari (“O‘g‘irlik qilma”, “Yaqiningni sevgin” va “Ota-onangni hurmat qilgin” kabilar)bizni haqiqatdan ham xatardan himoya qilishi mumkinmi? Qaysi xatardan?
IBODAT: “Rabbim, meni yaxshilikka undayotganing va zarardan asrayotganing uchun Sendan minnatdorman. Amrlaring himoyasi chizig‘i ichida qolishim uchun yordam ber”.
Kalomdan o‘qish: 1 Salonikaliklar 5:15-24
Har doim bir-biringizga va hammaga yaxshilik qilishga intiling (1 Salonikaliklar 5:15).
KO‘P YILLAR AVVAL YASHAB O‘TGAN Martin ismli odam haqidagi voqeani eshitgin-a. U hozirgi Vengriya hududida joylashgan Pannoniyada tug‘ilgan. U o‘n besh yoshga to‘lganida, otasi (rim qo‘shinining zobiti) Martinning askar bo‘lishiga qaror qildi.
Oradan besh yoki olti yil o‘tib, Martin askarlarning kichik bir guruhi bilan birgalikda fransuz shahri Amen ko‘chalarida ot yugurtirib borardi. Uning yarog‘-aslahalari quyosh nurida yarqirar, shahar aholisi esa chavandozlar va ularning otlarini tomosha qilish uchun ko‘chalarga chiqishardi.
To‘satdan ularning yo‘llarida uvadaga o‘rangan va sovuqdan qaltirab turgan gadoy paydo bo‘lib qoldi. Martin uni ko‘rib, otining jilovidan tortib to‘xtatdi. Bir muddat u gadoyga ikkilanib qarab turdi. Uning yonida puli yo‘q edi, biroq o‘zining nazarida shu gadoyga qandaydir yordam berishi kerakdek tuyuldi.
Martin banogoh qurol-yarog‘lari ustidan yelkasi osha tashlangan sifatli ustki kiyimini yechib oldi. So‘ngra u qilichini qinidan chiqardi. Gadoy qilichga qo‘rquv bilan qarab turardi, lekin Martin uni qo‘rqitmoqchi emasdi. Kiyimni bir qo‘lida, qilichni esa boshqa bir qo‘lida ushlab u libosni teng o‘rtasidan kesa boshladi. U libosning yarmini gadoyning qaltirab turgan yelkasiga tashladi, qolgan yarmini esa o‘zining ustiga yopdi. So‘ngra u qilichini qiniga solib, yo‘lida davom etdi.
Bu ajoyib, to‘g‘rimi? Mana o‘n olti asr bo‘libdiki, odamlar Martinning gadoyga qilgan muruvvatidan hayratlanishadi, negaki ular tushunishadi: ezgulik yo‘lidagi ish, garchi u kichik bo‘lsa ham, yaxshi va hayratga sazovordir. Bu voqea bundan deyarli o‘n olti asr avval yuz bergandi va Martin o‘limidan so‘ng, ya’ni eramizning 397 yilidan boshlab avliyolar qatorida hisoblanadi. Aslida kichkina xayrli ishlar bo‘lmaydi va avliyo Martin buni o‘sha gadoyga muruvvat ko‘rsatganidan so‘ng bilib oldi. U o‘sha tunda tush ko‘rdi: Iso samoda farishtalar qurshovida o‘tirardi. Tushda Isoning yelkasiga rim askarining yarimga bo‘lingan libosi tashlangan edi.
MULOHAZA QILGIN: Nima deb o‘ylaysan, avliyo Martinning tushi nimani anglatgan? Sen yaxshi ishlarning kichigi bo‘lmasligiga ishonasanmi? Nima uchun “ha” va nima uchun “yo‘q”? Sen bugun qanday xayrli ish qilishing mumkin?
IBODAT: “Mehribon va sevuvchi Ota, Sen menga ezgulikni o‘rgatganing uchun rahmat: ezgulik hatto arzimas bo‘lib tuyulsa ham - u yaxshi. Men hamisha odamlarga nisbatan mehribon bo‘lishim uchun yordam ber”.
25 IYUL. GOL BO‘LGANINI KIM HAL QILADI?
Kalomdan o‘qish: Luqo 6:32-35
Lekin siz dushmanlaringizni seving, ularga yaxshilik qiling, qaytarib berishini o‘ylamay, qarz bering (Luqo 6:35).
Futbolda gol hisobga olinganligi yoki olinmaganligini kim qayd etadi? Hakam (referi), to‘g‘rimi? Sportning boshqa turlaridachi? Misol uchun, tennis bo‘yicha musobaqalarda kim g‘olibni aniqlaydi? Boks musobaqasidachi?
Sportning barcha turlarida golni hisobga oladigan yoki olmaydigan, “yaxshi” yoki “yomon” baho qo‘yadigan odam (yoki bir necha odam) bo‘ladi. Sportchilarning o‘zlari bunday qaror qabul qilisholmaydi, qarorni hakam qabul qiladi.
Hayotda ham xuddi shunday holat hukm suradi. Biz biror narsaning yaxshi yoki yomon ekanligini hal qilmaymiz. Misol uchun, ezgulikni olaylik. Sen shunday deyishing mumkin: “Mehribon bo‘lish yomon”, “Ezgulikning turishi bema’nilik”, “Yaxshi bo‘lishni istamayman”. Biroq mehribon bo‘lish baribir yaxshi. Nima uchun? Negaki sen buni hal qilmaysan, buni – Xudo hal qiladi. U aniq qilib – hatto dushmanlarga ham – mehribon bo‘lish yaxshi ekanligini aytgan!
MULOHAZA QILGIN: Boshqa odamlarga nisbatan mehribon bo‘lish yaxshi ekanligini sen qayoqdan bilasan? Nima deb o‘ylaysan, dushmanlarga va notanish odamlarga nisbatan mehribon bo‘lish yaxshimi? Nima uchun? (Senga maslahat: Muqaddas Kitobdan bugun o‘qiladigan parchani qarab chiq). Nima deb o‘ylaysan, nega Xudo sen bilan yomon munosabatda bo‘ladigan odamlarga nisbatan mehribon bo‘lishingni buyuradi?
IBODAT: “Rabbim, har doim ham boshqa odamlarga nisbatan mehribon bo‘lishim oson emas. Bu to‘g‘ri ekanligini doimo yodda saqlashimga yordam ber. O‘zim bilmaydigan odamlarga va menga nisbatan yaxshi munosabatda bo‘lmagan odamlarga mehribon bo‘lishim uchun yordam ber, ayniqsa ____________”.
26 IYUL. O‘ZGA SAYYORALIKLARNING HUJUMI
Kalomdan o‘qish: Kolossaliklar 3:12-15
Sizlar Xudoning tanlangan, aziz va suyukli xalqisizlar. Shunga ko‘ra, rahm shafqat ... va sabr-toqatni zeb-ziynat qilib taqib olinglar (Kolossaliklar 3:12).
SEN UYQUSIRAB, nonushta qilish uchun alanglab kelasan. Stol atrofiga o‘tirib, g‘o‘ldiragancha tezda ibodat qilib olasan: “Rabbim, bergan rizqing uchun Senga rahmat, bu-bu-bu...”. Nihoyat ko‘zlaringni ochasan – qarshingda likopchada o‘zing yoqtiradigan bo‘tqani, ikkita sariyog‘ surtilgan nonni va apelsinli sharbat to‘ldirilgan bokalni ko‘rasan. Uyqudan uyg‘onganingga to‘la ishonch hosil qilish uchun ko‘zlaringni ishqalaysan. “Kim bularni tayyorlab qo‘ydi?” – deya o‘zingcha buni topishga urinasan. So‘ngra esa pastdan akangning ovozini eshitasan:
– Umid qilamanki, men tayyorlagan nonushta senga yoqsa kerak?
Sen kafting bilan peshonangga urasan. Bu haqiqatdan ham yuz beryaptimi? U hattoki sen yoqtirganingdek, bo‘tqani shirin qilib tayyorlabdi. Hech narsani e’tibordan chetda qoldirmabdi. Nimalar ro‘y beryapti? Sen bo‘tqada zahar yoki o‘rgimchak yo‘q ekanligiga ishonch hosil qilishing uchun uni qoshiq bilan aralashtirasan. “Ehtimol, unga mendan biror narsa kerakdir?” – deya xayolga tolasan.
Nonushtani yakunlab, sen o‘z xonangga qaytasan va karavoting yig‘ishtirib qo‘yilganini, unda sen yaxshi ko‘radigan kiyimlar taxlab qo‘yilganini ko‘rasan. Sen hozir musiqa yangrashini kutasan. Yashirin kameralarni izlaysan. So‘ngra esa miyangga uriladi: o‘zga sayyoraliklar kelib, akangning tanasiga joylashib olishgan! Agar sen hushyorlikni yo‘qotsang, ular tezda sening ham vujudingga kirib olishadi!
Biroq, g‘aroyibot bu bilan yakunlanmaydi. Sen xonaga kirasan, akang esa televizor ko‘rib o‘tiribdi va senga o‘zing xohlagan teleshouni tomosha qilishingni taklif etadi! Sen tomog‘ingni ho‘llab olmoqchisan, u esa senga kokteyl tayyorlab beradi! U hattoki sening ortingdan narsalarni yig‘ishtirib qo‘yadi va shunday deydi: “Menga bu ishlarni qilish yoqadi!”
Bu juda ajoyib bo‘lardi, to‘g‘rimi? G‘alati, ammo ajoyib. Agar ukang yoki singling butun kun bo‘yi senga nisbatan shunday mehribon bo‘lishsa hayoting qanday bo‘lishini tasavvur qil. Bu nihoyatda ajoyib bo‘lardi, shundaymi?
Mana nima uchun Xudo bizga mehribon bo‘lishni buyuradi; U odamlar bir-birlariga nisbatan g‘amxo‘r bo‘lganlarida buning mo’jizali ekanligini biladi. Xudo, agar biz bir-birimizga nisbatan mehribon bo‘lsak, hayotimiz yanada yaxshiroq bo‘lishini biladi. Mana nima uchun Uning Kalomida shunday yozilgan: “Sizlar Xudoning tanlangan, aziz va suyukli xalqisizlar. Shunga ko‘ra, rahm-shafqat, mehribonlik, kamtarlik, muloyimlik va sabr-toqatni zeb ziynat qilib taqib olinglar” (Kolossaliklar 3:12).
Mehribonlik ajoyibdir, negaki Xudo bizga mehribon bo‘lishimizni amr etgan. Bundan tashqari, mehribon bo‘lish aslida ham qoyilmaqom xususiyatdir.
MULOHAZA QILGIN: Nima deb o‘ylaysan, agar sen har bir vaziyatdan boshqalarga nisbatan mehribon bo‘lish uchun foydalansang, hayoting yanada yaxshiroq bo‘larmidi? Mabodo hamma ham mehribon bo‘lganida, maktabda, jamoatda, qo‘shnilar bilan munosabatda vaziyat qay tariqa o‘zgargan bo‘lardi? Agar sen hammaga mehribon bo‘lsangchi?
IBODAT: “Mehribon Xudoyim, men g‘amxo‘r bo‘lish yaxshi ekanligini bilaman, negaki, Sen shuni buyurasan. Bugun mehribon bo‘lib odamlarni, hattoki ota-onamni hayron qoldirishim uchun menga yordam ber, ayniqsa ayniqsa ____________”.
27 IYUL. XUDODA QANDAY QILIB TABASSUM UYG‘OTISH MUMKIN
Kalomdan o‘qish: Yeremiyo 9:23-24
Men Egangizman. Men mehr shafqat ko‘rsataman, yer yuzida adolatu haqiqat ila ish tutaman. Bunday qilishdan Men zavqlanaman (Yeremiyo 9:24).
SEN XAYOLINGDA Xudoni qanday tasavvur qilasan? Ulkan, soqolli, oppoq sochli qariya sifatidami? Oppoq kiyimdami? Sening fikringcha, Uning bo‘yi balandmi?
Uning yuzi qanday? Ajin bosganmi? Jiddiymi? Qovog‘i uyilganmi? Kulib turadigan chehrami?
Sening Xudo haqidagi tasavvuring, harqalay, nimanidir aks ettiradi, negaki bu siymolar bizning tasavvurimizga taalluqli. Aslida Xudo qanday ko‘rinishda ekanligini hech kim bilmaydi. Harholda, U biz avval ko‘rganlarimizdan hech biriga o‘xshamaydi.
Mana men senga nima deyman: sen Xudoda tabassum uyg‘otishing mumkin. Sen qachonki o‘zingni muayyan bir tartibda tutsang, Uning qiyofasi xursandchilikni aks ettiradi. Seni Mavlud sovg‘alari xursand qilgani kabi, ayrim narsalar Uni ham mamnun etadi.
Bilasanmi, Uni nima xursand qiladi? Sen haqiqatdan ham Xudoda tabassum uyg‘otmoqchimisan? Bu narsa Muqaddas Kitobdan bugun o‘qiladigan oyatda ham eslatib o‘tiladi: “unday qilishdan Men zavqlanaman” (Yeremiyo 9:24). Boshqacha qilib aytganda, Xudo yaxshi ishlarni ko‘rganida mamnun bo‘ladi. Sen ukang yoki sinlingga nisbatan mehribon bo‘lganingni ko‘rganida U xursand bo‘ladi. Sen yig‘layotgan go‘dakni ovutayotganingni ko‘rsa, U tabassum qiladi.
Nima uchun? Negaki Xudo yaxshilikni qadrlaydi. Unga yaxshilik yoqadi. Yaxshilik – Uning eng yoqtirgan narsalaridan biridir.
Albatta, biz bu haqda bilardik, to‘g‘rimi? Chunki Xudo hamisha “bir-biringizga va hammaga” yaxshilikni izlashni buyuradi (1 Salonikaliklar 5:15). Va biz Xudoning amrlari Uning qadriyatini aks ettirishini ham bilamiz.
Xullas, keyingi safar yaxshilik qilishing uchun imkoniyat bo‘lganida, bundan foydalan, o‘shanda sen Xudoda tabassum uyg‘ota olasan.
MULOHAZA QILGIN: “Ezgulikka manzur” degani nima o‘zi? Senga nima yaxshi va manzur? Xudoni yaxshilik quvontirishini sen qayoqdan bilasan? Seni yaxshilik xursand qiladimi? Seni qachonlardir yomon ishlar mamnun qilganmi? Yaxshilik haqidagi tasavvuringni sening harakatlaring qay tariqa aks ettiradi? Sen kimgadir mehribon bo‘lganingda, Xudo O‘zini qanday his qiladi, deb o‘ylaysan? Bugun qanday yaxshilik qilishing mumkinligi haqida o‘ylab ko‘r. Buni kun oxirigacha amalga oshir.
IBODAT: “Mening Samoviy Otam, Seni bugun kulishga undashim uchun menga yordam ber, boshqa odamlarga nisbatan mehribon bo‘lishim va ular uchun qandaydir yaxshiliklar qilishim uchun ko‘maklash”.
Kalomdan o‘qish: Zabur 144:17-21
Egamiz hamma yo‘llarida adolat qilar, Hamma ishlarida sevgisini ko‘rsatar (Zabur 144:17).
DEYLIK, SEN ERTALAB radioni yoqib, yangiliklar orqali sahroda qadimiy hujjatlar topilganligi haqida eshitib qolding. Aytaylik, bu hujjatlarda Xudo haqida, Uning yerdagi ishlari haqida nimadir yangi xabarlar yozilgan. Agar unda quyidagilar yozilganida, sen nimalar deb o‘ylagan bo‘larding:
· Xudo uzun bo‘yinlarining ustidan kulish uchungina jirafalarni yaratganmi?
· Xudo aslida O‘zi yolg‘iz qolishi uchungina Odam Ato va Momo Havoni Adan bog‘idan haydab yuborganmi?
· Eramizdan avval 4040 yilda Xudo Kis shahri ko‘chalaridan birini kesib o‘tayotgan kampirni ko‘rib uni nima uchun chaqmoq bilan urgan?
· Xudo kunlardan birida itni shunchaki urganmi?
· Dovud ilk marotaba Zaburning 22-sanosini kuylaganida, Xudo unga aynigan pomidor otib, shunday deganmi: “Ket bu yerdan! Seni eshitishga toqatim yo‘q! Avval musiqadan ta’lim olsang bo‘lardi!”?
Bunday kashfiyot haqida eshitib, sen nima degan bo‘larding? “Bu gaplarni qayoqdan oldingiz?” – degan bo‘larmiding? Yoki shunday dermiding: “Qanday bema’nilik! Xudo bunday yo‘l tutmagan bo‘lardi!”?
Harholda, sen bu hujjatlarga ishonmagan bo‘larding, to‘g‘rimi? Biroq nima uchun? Negaki sen bu haqda yaxshiroq bilasan.
Oxir-oqibat, sen Xudo kampirni chaqmoq bilan urmasligini va itni kaltaklamasligini bilasan. U jirafaning ustidan kulmagan bo‘lardi yoki Dovudga aynigan pomidorlar otmasdi, to‘g‘rimi? Nega? Negaki bu Xudoning tabiatiga teskari xususiyatdir, bu Unga o‘xshamaydi, negaki Xudo mehribondir.
Muqaddas Kitobda shunday yozilgan: “Egamiz hamma yo‘llarida adolat qilar, Hamma ishlarida sevgisini ko‘rsatar” (Zabur 144:17, kursiv muallifniki ). Yaxshilik – Uning bir qismidir. Oxir-oqibat, mehribonlik yaxshi, negaki Xudoning O‘zi mehribon. U bizga mehribon bo‘lishimizni buyuradi, negaki U rahm shafqatni qadrlaydi. Zero, bizning Samoviy Otamiz mehribon ekan, biz ham mehribon bo‘lishimiz kerak.
MULOHAZA QILGIN: Nima deb o‘ylaysan, Xudo mehribonmi? Sen buni qayoqdan bilasan? Xudo senga nisbatan g‘amxo‘r bo‘lganmi? Agar shunday bo‘lsa, bu qanday namoyon bo‘lgan? Nima uchun ezgulik yaxshi, noxolis harakatlar esa yomon? Xudoning mehribonligi bugun senga qanday namoyon bo‘lganini sanab chiq.
IBODAT: “Mening Samoviy Otam, men Seni ulug‘layman, negaki Sen mehribonsan, Sen menga nisbatan g‘amxo‘r bo‘lganing uchun Senga minnatdorchilik bildiraman. Bugun va har kuni boshqa odamlarga nisbatan mehribon bo‘lishim uchun menga yordam ber”.
29 IYUL. QIRQILGAN MAYSAZOR HAQIDA
Kalomdan o‘qish: 2 Shohlar 10:1-2
Dovud: “Naxosh menga sodiq edi, men ham uning o‘g‘li Xanunga sodiq bo‘layin”, deb ko‘nglidan o‘tkazdi. (2 Shohlar 10:2).
Ivan va Pyotrning dala-hovlilari yonma-yon joylashgan edi. Kunlardan birida Ivan uyi oldidagi maysazorda o‘t o‘rayotgandi. U o‘z hududini Pyotrning hovlisidan ajratib turadigan uncha baland bo‘lmagan daraxtlar oldigacha o‘rib bordi va qo‘shnining maysazori ham chiroyli ko‘rinishi uchun o‘tlarini o‘rishga qaror qildi. Va u Pyotrning maysazoridagi o‘tlarni o‘rib tashladi!
Oradan bir necha kun o‘tib, Pyotr o‘z tomorqasini o‘g‘itlab chiqdi. U ishini yakunlay deb qolganida, Ivanning yaqinda nimalar qilgani yodiga tushdi. Va Ivanning tomorqasini o‘g‘itladi.
Ivan uyga qaytganida, xotini unga Pyotrning qilgan ishini aytib berdi. “Xmm, – o‘yga toldi Ivan, – Pyotr chindan ham yaxshi ish qilibdi. Vaholanki, o‘tni o‘rish men uchun hech og‘irlik qilmagandi. O‘g‘it esa pulga sotib olinadi”.
Keyingi dam olish kunlarida Ivan o‘z hovlisini to‘planib qolgan axlat va to‘kilgan barglardan tozalashga ahd qildi. O‘z hududini tozalab bo‘lgach, qilgan yaxshiligi uchun minnatdorchilik tariqasida Pyotrning hovlisini ham tozalab chiqdi.
Bundan so‘ng Pyotr daraxtlarni butab, gullar ekdi. Unda ortiqcha urug‘lar qoldi va o‘z hududidagi ishlarni tugatgach, Ivanning hovlisiga ham gullar ekib qo‘ydi.
Shu tariqa, Pyotr va Ivan bir-birlariga yillar mobaynida yaxshiliklar qilishdi. Ular haqiqiy do‘stlarga aylanishdi. Ularning dala-hovlilari esa o‘sha joydagi eng chiroyli va sarishta uylar bo‘lib qoldi.
So‘ngra esa qiziq hodisalar yuz berdi. Boshqa dala-hovlilarning egalari ham Ivandan o‘rnak olib, o‘ylari oldidagi o‘tlarni tekislay boshladilar. Ular Ivan va Pyotrdan ibrat olib, qo‘shnilariga ham yordam berishardi. Tez orada ushbu bog‘dorchilik xo‘jaligi toza, chiroyli va hamjihat bo‘lib qoldi.
Pyotr va Ivan hanuzgacha bir-birlariga xayrli ishlar qilishadi va harholda, umrlarining oxirigacha shunday yo‘l tutishsa kerak. Oxir-oqibat, ular hech qayoqqa ko‘chib ketishni istashmaydi, negaki, ularga qo‘shnilari juda yoqadi.
MULOHAZA QILGIN: Bugun Muqaddas Kitobdan o‘qiladigan oyatda Dovudning Xanunga nisbatan munosabatida Naxoshning yaxshiligi qay tariqa o‘z aksini topgan? Nima deb o‘ylaysan, Nima uchun Dovud o‘zini bunday tutgan? Yaxshilik Ivan va Pyotrning munosabatlariga qanday ta’sir o‘tkazgan? Yaxshilik ularning hayotlarini qanday o‘zgartirgan? Nima deb o‘ylaysan, har qanday qo‘shni ham xuddi Pyotr kabi munosabat bildirgan ibo‘larmidi? Nima deb o‘ylaysan, yaxshilik ko‘proq nimaga o‘xshaydi: devorga ursa yopishib qoladigan saqich bo‘lagigami yoki orqaga sapchib ketadigan rezina to‘pgami? Atrofdagilarga mehribon bo‘lish kerakligini eslatib turishi uchun bugun cho‘ntagingda rezina to‘p olib yur.
IBODAT: “Rabbim, bugun atrofimdagilarga mehribon bo‘lishim uchun yordam ber, ayniqsa ____________ men (maktabga borganimda, musiqa to‘garagida mashq qilganimda, sayr qilganimda va hokazo)”.
Kalomdan o‘qish: Hikmatlar 11:16-17
Mehribon xotin izzat-hurmat topadi, zo‘ravon esa boylikdan boshqa hech narsaga erishmaydi. Shafqatli inson o‘z joniga manfaat keltiradi, bag‘ri tosh esa o‘ziga zarar yetkazadi (Hikmatlar 11:16-17).
Qachonlardir kichkina bir baxtsiz malika bo‘lgan ekan, negaki u malika bo‘lsada, chiroyli emas ekan.
Kunlardan birida kichkina malika o‘z saroyining oldida o‘tirib achchiq ko‘z yoshi to‘kayotganida yonginasidan bir kampir o‘tib qolibdi. Kampirning yelkasi bukchaygan, sochlari oppoq, barmoqlari qiyshaygan ekan. U malikadan nega yig‘layotganini so‘rabdi.
– Negaki men juda yolg‘izman. Men hech qachon chiroyli bo‘lolmayman!
Kampir qo‘lini malikaning yelkasiga qo‘yibdi:
– Nega endi seni chiroyli qiladigan kimnidir izlab ko‘rmayapsan?
Kampir, shunday deb maslahat berganicha, ketib qolibdi.
Kichkina malika bu maslahatga amal qilib, uni chiroyli qilishga qodir biror kishini izlay boshlabdi. Tez orada u, o‘rnidan turishga urinayotgan yerga yiqilgan bolakayni ko‘rib qolibdi. Malika uning oldiga yugurib kelib, bolakayning o‘rnidan turishiga yordam beribdi. Malika to‘satdan bolaning so‘qir ekanligini payqab qolibdi.
– Sen qayoqqa ketyapsan? – deb so‘rabdi malika. Bola uyga ketayotganini aytibdi va malika uni kuzatib qo‘yishga qaror qilibdi.
So‘ngra malika tag‘in yo‘lida davom etibdi. Endi uning yo‘lida yig‘layotgan qizaloq duch kelibdi. Malika undan nima yuz berganini so‘rabdi.
– Mening onam kasal, u meni sut va tuxum sotib olib kelgani jo‘natdi. Biroq men pullarni yo‘qotib qo‘ydim va endi sotib ololmayman, – deb g‘o‘ldirabdi qizaloq hayajonga to‘lib.
Malika o‘z hamyoniga qarabdi. Uning faqatgina ikkita oltin tangalari bo‘lib, onasi kasal bo‘lib yotgan qizaloqqa shu pullarni beribdi.
– Ushla, – debdi u. – Endi sen onangga sut va tuxum sotib olishing mumkin.
Qizaloq ko‘z yoshlarini artib, malikaga minnatdorchilik bildiribdi. U quvonch bilan tabassum qilganicha, do‘konga qarab yuguribdi.
Malika yo‘lda davom etib, tag‘in o‘sha kampirni uchratibdi.
– Men o‘zimni chiroyli qila oladigan hech kimni topolmadim, – debdi u.
– Buyoqqa qara-chi! – deya javob qaytaribdi kampir. U malikaning yuziga oyna tutibdi. – Sening mehribonliging seni chiroyli qildi, nafaqat sen yordam bergan bolalar uchun, balki boshqa barcha uchun ham sen chiroyli bo‘lib qolding!
Va kichkina malika kampirning haq ekanligiga o‘zi ham ishonch hosil qilibdi.
MULOHAZA QILGIN: Malika qanday yaxshilik qildi? Nima deb o‘ylaysan, yaxshilik chindan ham odamlarni dilga yaqin qiladimi? Nima uchun “ha” va nima uchun “yo‘q”? Sening mehribonliging nafaqat boshqaga, balki o‘zing uchun ham foydali. Yaxshilik qay tariqa senga foydali bo‘lishi mumkin?
IBODAT: “Mehribon va sevuvchi Xudo, atrofimdagilarga mehribon bo‘lishga uringanimda menga bugun yaxshilikning marhamatini namoyon etgin”.
Kalomdan o‘qish: Hikmatlar 14:21, 31
Qo‘shnisini xor qilgan – gunohkor, muhtojga marhamat qilgan esa baxtlidir... Kambag‘alga zulm qilgan Yaratuvchini tahqirlagan bo‘ladi, muhtojga yordam bergan esa Xudoni ulug‘lagan bo‘ladi (Hikmatlar 14:21, 31).
GARRIYET BICHER STOUNING MASHHUR “Tom tog‘aning kulbasi” nomli asarida Amerikadagi fuqarolar urushi davrigacha bo‘lgan zamonlarda Janubda yashagan Tom, Eliza va boshqa qullarning hayoti hikoya qilinadi. Bu asardagi qahramonlardan biri – Yeva ismli kichkina qizaloq bo‘lib, uning onasi muttasil o‘z kasalligidan nolib yuradi. Kitobdagi boblardan birida Yevaning onasi cho‘risi Mammining ustidan shikoyat qilib, shunday deydi:
– U nihoyatda xudbin: kechasi juda qattiq uxlaydi. U mening har soatda e’tiborga muhtojligimni, menga juda yomon ekanligini biladi, shunday bo‘lsada, uni ertalab uyg‘otish juda qiyin. Kechasi uni uyg‘otishimga to‘g‘ri kelganidan ertalab men o‘zimni yanada noxush his qilaman.
– Ona, men kechasi siz bilan yoningizda o‘tirsam maylimi, hech bo‘lmasa bir martagina? – deb so‘radi Yeva
– Naqadar bema’nilik, bolaginam! – deya javob qaytaradi ona.
– Iltimos, onajon? O‘ylashimcha, – deya gapida davom etadi qizaloq. – Mammi o‘zini noxush his qilmoqda. O‘zining aytishicha, keyingi paytlarda uning boshi og‘riyotganmish.
Kitobxon tez orada Yevaning mehribon qizaloq ekanligini, uning onasi esa befarq va xudbin ekanligini tushunib oladi. Kichkina Yeva hattoki cho‘ri Mammiga o‘zi bilan to‘shagida yotishga taklif qilib, shunday deydi: “Negaki senga g‘amxo‘rlik qilishim menga osonroq bo‘ladi, to‘shagim ham sening to‘shagingdan yaxshiroq”.
Mehribonlikning qanday ajoyib namunasi! Bu – bolalar, kattalarga qaraganda mehribonroq ekanligi haqidagi eslatmadir. Bu – Muqaddas Kitobning so‘zlariga qanday ajoyib misoldir: “Muhtojga marhamat qilgan esa baxtlidir... muhtojga yordam bergan esa Xudoni ulug‘lagan bo‘ladi” (Hikmatlar 14:21, 31). Baxtlidir so‘zi Hikmatlar 14:21-oyatiga ko‘ra “Xudoning xohishi ila baxtli va hurmatli” ma’nosini anglatadi. Aytish joizki, mehribon odam Xudoni ulug‘laydi, Xudo esa mehribon odamni sharaflaydi.
MULOHAZA QILGIN: Kim senga ko‘proq yoqadi: Yevami yoki uning onasi? Atrofingda “muhtojlar” bormi? (Bu gadoy yoki uysiz bo‘lishi shart emas; barcha odamlar sevgiga, e’tiborga va taskinga muhtoj bo‘lishlari mumkin.) Sen bugun muhtojlarga o‘z mehribonligingni qanday namoyon etasan?
IBODAT: “Xudoyim, men Sening Kalomingdagi ushbu so‘zlarga ishonaman: “muhtojga marhamat qilgan esa baxtlidir”, “muhtojga yordam bergan esa Xudoni ulug‘lagan bo‘ladi”. Men bugun __________________ ga mehribon bo‘lib, Seni ulug‘lamoqchiman. Mehribon bo‘lishim uchun yordam ber”.