To‘g‘ri qarorlar izlab. (Josh Makdauell va Bob Xostetler) 8 bob

JOSH MAKDAUELL va BOB XOSTETLER

TO‘G‘RI QARORLAR IZLAB

O‘smirlarning har kungi o‘qishlari uchun

 366 jozibakor lavhalar

YANVAR - FEVRAL - MART - APREL - MAY - IYUN - IYUL - AVGUST - SENTYABR - OKTYABR - NOYABR - DEKABR

ANNOTASIYA

Mazkur kitob biz har kuni duch keladigan hayotiy muammolarga to‘g‘ri qarorlarni topgan holda, ularni oqilona hal etish uchun Muqaddas Kitobdan qanday foydalanish kerakligini ko‘rsatadi. Siz ega bo‘lgan narsalaringiz uchun o‘zingizda Xudoga minnatdorchilik hissini uyg‘otgan holda imkon qadar ko‘proq ibodat qilish, o‘z harakatlaringizni tahlil qilish, itoatkorlik ruhida ish tutib odamlarga xizmat qilishning imkoniyat va usullarini izlash zarur ekanligini tushunib olasiz.Tugri qarorlar izlab kitob uzb

  

KIRISH. To‘g‘ri qarorlar izlab: har bir kun uchun vazifa

DINOZAVRLAR VA KINOYULDUZLAR.

Teleo‘yin.

Misha aka va Masha singil.

To‘lin oy va uchayotgan kometalar.

Televizion yangiliklar dasturi

“Iyerixon uchun kurash: bir kundan so‘ng”.

Jinlar va shaytonlar; o‘yinlar va hazillar; olimlar va fermerlar; qarg‘a va kanareyka; testlar va savolnomalar va hattoki g‘aroyib kaltakesak Mikatu – siz bularning barchasini ushbu kitobning sahifalaridan topasiz. Josh Makdauellning “O‘smirlar uchun har kungi mutolaa” kitobi bu har bir kunda to‘g‘ri qarorlarni izlash va mulohaza yuritish uchun ozuqadir. Birinchi yanvardan boshlanadigan “Andreyning kurtkasi” nomli maftunkor sayohat toki 31 dekabrdagi “Foydali orzular” nomli mutolaagacha jami 366 jozibakor lavhalarni qamrab oladiki, ular sizni to‘g‘ri qarorlarni nojoizlaridan farqlab olishingizga hamda doimo to‘g‘ri tanlov qilishingizga yordam beradi.

Har kungi mutolaa shu kungi hayotingizda haqiqatni qo‘llashda yordam beradigan Muqaddas Kitobdan qisqa parchalarni, asosiy oyatlarni, bir qancha masala va maslahatlarni, shuningdek, qisqacha ibodatlarni o‘z ichiga oladi. Ammo harqalay hech bir kun boshqasiga o‘xshamaydi. Ayrimlari qisqacha hikoyani taqdim etsa, boshqasi testni tavsiya etadi; nimadir sizni kulishga undashi yoki dilingizni o‘rtashi mumkin; ba’zi hikoyalar o‘ylab topilgan, boshqalari esa haqiqatga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Shu bilan birgalikda, har kungi mutolaa sizni mulohaza yuritishga va “mana shu buzuq va egri nasl orasida Xudoning nuqsonsiz, aybsiz va pok farzandlari bo‘lishingiz”ga undaydi (Filippiliklarga 2:15).


O‘smirlarning har kungi o‘qishlari uchun (Uzbek tilida kitob)
AVGUST

 

1 AVGUST. SUPERQAHRAMON VA SEN

Kalomdan o‘qish: Hikmatlar 3:5-8

O‘z aql-idrokingga suyanma, butun qalbing bilan Egamizga ishon (Hikmatlar 3:5).

 

SUPERQAHRAMON QACHONKI: “Mening qo‘limdan keladi!” deb hayqirsa, hech kim undan aynan nimaga qodir ekanligini so‘rab o‘tirmaydi. Axir uning baquvvat mushaklari bor, shu bois, u hamma narsaga qodir. Bundan tashqari, unga bunday savollar berish xatarli. Biroq, bu odilona savol va uni faqat superqahramonga berish mumkin, senga emas.

 Sinab ko‘raylikchi, sen superqahramon bo‘lishga loyiqmikansan? Senga to‘g‘ri keladigan bandlarni qayd etib qo‘ygin.

 Mening qo‘limdan keladi...

□  boshim bilan tura olaman

□  nimani xohlasam, o‘shani yeyman

□  bir sakrash bilan eng yuqori binolarga chiqa olaman

□  yuzgacha sanay olaman

□  barmoqlarimni qisirlata olaman

□  hamisha to‘g‘ri qaror qabul qilaman

□  uchaman

□  besh yuz kilogrammlik yukni bir qo‘limda ko‘tara olaman

□  maktabda yaxshi baholar olaman

□  oltmish soniya nafas olmay turaman

□  singlimning karavoti yonida axlat chelagini to‘kaman.

 Xo‘sh, nimalarni qayd etding? (Agar sen bir qo‘lingda besh yuz kilogramm yukni ko‘tara olsang, darhol Olimpiya qo‘mitasiga qo‘ng‘iroq qil!)

 “Hamisha to‘g‘ri qaror qabul qilish” masalasi nima bo‘ldi? Sen uni qayd etdingmi?

 Agar rostiga ko‘chsak, buni hech kim uddalay olmaydi. Bizdan hech kim hamisha ham to‘g‘ri qaror qabul qila olmaydi, negaki, biz barchamiz gunohkorlarmiz. Ehtimol, biz yaxshi ishlar qilishni istab qolarmiz. Biz hattoki yaxshi bo‘lishga urinishimiz mumkin. Biroq, ezgulikka va to‘g‘ri qaror sari yo‘l intilishda emas, balki Xudoning qudratiga tayanishimizga bog‘liq.

 Xudoning amrlariga itoat qilish uchun Uni bilish lozim, Unga yaqin bo‘lmoq kerak (misol uchun, ibodat qilish, sajda qilish va Muqaddas Kitobni o‘qish), kundan-kun (har bir lahza) U senga to‘g‘ri qaror qabul qilishingga yordam berishiga ishonmoq zarur. Shuningdek, singlingning karavoti yoniga axlat chelagini to‘kmaslik kerak. (Har ehtimolga qarshi, agar sen bizning maslahatimizga amal qilib bu haqda fikrlay boshlasang yaxshi bo‘lardi!)

 MULOHAZA QILGIN: Sen notanish odamga ishonasanmi? Xudoga ko‘proq ishonishing uchun Uni qay tariqa yaqinroq bilib olishing mumkin? Sen hamisha ham to‘g‘ri qaror qabul qila olasanmi? Bu kimning qo‘lidan keladi? Sen Undan qanday qilib yordam olishing mumkin?

 HARAKAT QIL: Bugun har safar chiroqni yoqib o‘chirganingda Kim bizga to‘g‘ri qaror qabul qilishimizga kuch quvvat berishi haqida o‘ylab ko‘r.

IBODAT: “Rabbim, men bugun va hamisha to‘g‘ri yo‘l tutishimga Sen yordam berishingga ishonaman”.

 

 

2 AVGUST. YERIXODAN TO‘G‘RIDAN-TO‘G‘RI EFIR

Kalomdan o‘qish: Yoshua 6:1-20

O‘z aql idrokingga suyanma, butun qalbing bilan Egamizga ishon (Hikmatlar 3:5).

 

MUXBIR QO‘LIDA MIKROFON BILAN tutab yotgan vayronalar oldida paydo bo‘ladi.

– Siz bilan Kan’onlik Dan, hozirgina qudratli shahar Yerixo – Nun o‘g‘li Yoshua qo‘mondonligi ostida zabt etildi.

Kamera muxbir bilan yonma-yon turgan bir kishini ko‘rsatadi.

– Hozir Nun o‘g‘li Yoshua sizlarga o‘zining hayratomuz harbiy g‘alabasi haqida shaxsan intervyu beradi, – Dan o‘girilib mikrofonni Yoshuaga tutadi. – Nun o‘g‘li Yoshua, bizning savollarimizga javob berishga rozi bo‘lganingiz uchun sizga rahmat.

– Rahmat, Dan, biroq bu mening g‘alabam emas. Bu g‘alabani menga Xudo yubordi.

– Ajoyib! – Dan yo‘talib oladi. – Sizning g‘alabangiz haqida turli g‘alati gaplar yuribdi. Aytishlaricha, go‘yo Yerixoning devorlari... qichqiriqdan qulab tushganmish, – u asabiy tarzda kulimsiraydi.

 – Bu mutlaqo to‘g‘ri, Dan. Xudo bizga olti kun mobaynida har kuni bir martadan shaharning atrofini aylanib chiqishimizni buyurdi. Yettinchi kuni bizning qo‘shin Yerixoni yetti marta aylanib chiqdi. Yettinchi marotabada ruhoniylar burg‘ularni chalishdi, xalq qichqirdi va shaharning devorlari changga aylanib ketdi.

 – Ammo bu... hayratomuz voqea! – Dan ko‘zlarini katta ochdi. –  Xudoning ko‘rsatmasi sizga ...ah... ahmoqona bo‘lib tuyulmadimi?

 – Ular sizga ahmoqona bo‘lib tuyulishi mumkin, Dan, lekin siz bir narsani tushunmayapsiz. Men qirq yil sahroda Muso bilan vaqt o‘tkazib, Xudoni tingladik va Uning ishlarini ko‘rdik. Men Xudoning so‘zlarini tushunmasam-da, Uning aytganlarini bajarish yaxshiroq ekanligini bilib oldim. Agar biz o‘z aqlimizga tayansak, – Yoshua o‘girilib Yerixo vayronalarini ko‘rsatadi, – Yerixo devorlari qilt etmay turavergan bo‘lardi.

 Dan jilmayadi:

– Bu Xudo haqida va Yerixoning buzilgan devorlari haqidagi aql bovar qilmas hikoya edi.

 MULOHAZA QILGIN: Yerixoni zabt etish haqidagi Xudoning ko‘rsatmasi Yoshua Kitobining 6:2-5 oyatlarida bayon etilgan. Nima deb o‘ylaysan, Nun o‘g‘li Yoshua va isroilliklar uchun Xudoning ko‘rsatmasiga shunchaki amal qilish yetarli edimi? Nima deb o‘ylaysan, agar ular bu ko‘rsatmaga amal qilmaganlarida, Yerixoni zabt etgan bo‘lisharmidi? Nima uchun “ha” va nima uchun “yo‘q”? Sen hamisha ham Xudoning amrlarini tushunasanmi? Nima deb o‘ylaysan, sen bu amrlarni tushunmaganingda ham, ularga amal qilishing kerakmi? Nima uchun “ha” va nima uchun “yo‘q”?

 HARAKAT QIL: Xonang bo‘ylab yurib ular qanday tuzilganini bilmasangda o‘zing foydalanadigan buyumlarga e’tibor ber ( misol uchun, elektr asboblari, radio va televizor, maishiy texnika).

IBODAT: “Rabbim, hattoki Sening amrlaringni tushunishim qiyin bo‘lganida ham Senga ishonishim uchun yordam ber”.

 

 

3 AVGUST. VA’DANING KUCHI

Kalomdan o‘qish: 2 Timo‘tiy 1:8-12

O‘z aql idrokingga suyanma, butun qalbing bilan Egamizga ishon. Har ishingda Egamizni e’tirof et, shunda U yo‘llaringni to‘g‘rilaydi (Hikmatlar 3:5-6).

 

QUYIDAGILARDA QANDAY UMUMIYLIK BOR?

·       futbolchining shartnomasi

·       nikoh qasamyodi

·       tish shifokori qabuli uchun ro‘yxatdan o‘tish

·       bank krediti

Ushbu barcha holatlarda ham kimdir va’da bermoqda.

Futbolchi ma’lum bir jamoada muayyan bir belgilangan davr oralig‘ida o‘ynash uchun va’da beradi, aytaylik, milliard dollar evaziga.

 Kuyov va kelin bir-birlariga “quvonch va qayg‘uda ham, boylik va yo‘qchilikda ham, salomatlik va xastalikda ham” sodiq bo‘lish uchun va’da berishadi.

 Tish shifokori muayyan bir kun va aniq belgilangan vaqtda mijozining katta hajmdagi yiringlagan milkini davolash muolajasini o‘tkazishga va’da beradi.

 Bank muntazam ravishda foizi bilan qaytarishga va’da bergan kishiga pul qarz berishga va’da qiladi.

 Nima uchun bank hujjatlarsiz qarzga pul bermaydi? Nima uchun mijoz tish shifokorining oldiga shunchaki kelavermaydi? Nega kuyov va kelin bir-birlariga va’da berishadi? Nima uchun sportchilar shartnomasiz o‘ynashmaydi? Negaki va’da – muhim masaladir. U muayyan bir kuchga ega. Sen kimgadir biror narsani va’da qilayotganingda shunday demaysan: “Agar xohlasam, shuni qilishim mumkin” yoki “To‘g‘ri kelsa, men buni bajaraman”. Sen esa shunday deysan: “Bu menga yoqadimi yo‘qmi, baribir bajaraman”; “ Bu qiyin bo‘lsada, ammo shu ishni qilaman”.

 Mana nima uchun to‘g‘ri va’da berish muhim. Mana nima uchun ko‘plab yoshlar giyohvand moddalar qabul qilmaslik va’dasiga imzo chekishadi. Mana nima uchun ko‘pchilik nikohgacha pokizalikni saqlashga va’da berishadi. Va’dani bajarish kerak, negaki ular muhim hisoblanadi.

 Ushbu va’da senga vasvasani yengishingga yordam beradi. Qanday yo‘l tutishingni hal qilishing uchun fol ochishing shart emas; nima va’da berganingni yodingda tut, vaholanki sen qaror qabul qilib bo‘lgansan.

 MULOHAZA QILGIN: Va’da nima o‘zi? Nima uchun va’da muhim hisoblanadi? Sen qachonlardir to‘g‘ri qaror qabul qilishing uchun va’da berganmisan? Xudoni va ota-onangni aldamaslik uchun va’da berganmisan? O‘g‘irlamaslik haqidachi? Giyohvand moddalar qabul qilmaslik haqidachi? Agar shunday bo‘lsa, kimgadir o‘z va’dang haqida so‘zlab berganmisan?

IBODAT: “Ibodat vaqtida Xudoga va’da ber, Uning irodasini bajarishga va’da ber. Imkon qadar aniq qilib gapir. (Misol uchun, sen shunday ibodat qilishing mumkin: “Rabbim, men Sening irodangni har taraflama bajarishni istayman. Men hattoki, bu og‘ir bo‘lganida ham, haqiqatni gapirishga va’da beraman. Men hatto xohlamagan paytlarimda ham ota-onamga itoat qilishga va’da beraman”).

   

 

4 AVGUST. SO‘QIR VA YETAKLOVCHI O‘YINI

Kalomdan o‘qish: Ishayo 26:3-7

O‘z aql idrokingga suyanma, butun qalbing bilan Egamizga ishon. Har ishingda Egamizni e’tirof et, shunda U yo‘llaringni to‘g‘rilaydi (Hikmatlar 3:5-6).

 

Ehtimol, sen maktabda, jamoatda yoki yoki boshqa biror joyda shunga o‘xshash o‘yinni o‘ynagandirsan. Sen hech nimani ko‘rmasliging uchun ko‘zlaringni bog‘lab qo‘yishadi. Kimdir senga yetaklovchi bo‘ladi. U seni belgilangan joyga barcha to‘siqlar yonidan bexatar olib o‘tib, senga ko‘rsatma berishi kerak:

·   “Chapga burilgin”.

·   “To‘rt qadam oldinga, keyin o‘ngga”.

·   “Suyanchiqni ushlab tepaga ko‘taril – uchta, yo‘q, to‘rtta zinapoya yuqoriga”.

·   “Sakra”.

·   “Shaldiroq ilondan sakrab o‘t”.

·   “Bir qadam oldinga, bir qadam orqaga, bir qadam oldinga, burilish”.

 Mayli, mayli, keyingisi bu operadan emas. Biroq buning mohiyatini sen tushunib olding. O‘yinning mazmuni (maktabda bundan ba’zan o‘quvchilar so‘qirlar qanday holatda bo‘lishlarini tushunishlariga yordam berish va ularni kuzatib qo‘yishni o‘rgatish uchun foydalanishadi) o‘zining yetakchisiga ishonish va uning ko‘rsatmalariga amal qilishdan iboratdir. Agar sen ularga amal qilmasang, devorga urilishing, zinapoyadan yiqilib tushishing va hattoki shaldiroq ilonni bosib olishing mumkin (yoqimsiz holat...)!

 Masihiyning hayoti ham taxminan shunday. Xudo aniq ko‘rsatmalar beradi. U abadiy hayotga ega bo‘lishimiz va Unga manzur bo‘ladigan hayotga erishishimiz uchun bizga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatadi. Muhimi – Xudoning ko‘rsatmalariga itoat etishdir.

 Xudoning amrlarini bajarish xuddi yetaklovchining ko‘rsatmalariga amal qilishga o‘xshaydi. Sen “o‘zingcha yo‘l tutishing” mumkin, biroq yangi g‘urralar, jarohat va shish ortirib olishing turgan gap. Balki bundan ham yomoni bo‘lar.

 Ammo agar sen Xudoga butun qalbing bilan ishonsang va Unga o‘zingni da’vat etishiga izn bersang, U seni ko‘plab xatarlardan xavfsiz olib o‘tadi va belgilangan manzilga yetkazadi.

 MULOHAZA QILGIN: Nima deb o‘ylaysan, “so‘qir va yetaklovchi” o‘yinida yetaklovchi qanday bo‘lishi kerak? Sen unga ishonishing kerakmi? Bu ishonchga sazovor odam bo‘lishi kerakmi? Nima uchun “ha” va nima uchun “yo‘q”? Xudo sening ishonchingga loyiqmi? U sen abadiy hayotga erishmog‘ing va taqvodor hayot kechirishing uchun aniq ko‘rsatmalar berganmi? Sen Uning ko‘rsatmalariga amal qilganmisan?

 HARAKAT QIL: Do‘sting bilan shu haftada “so‘qir va yetaklovchi” o‘yinini o‘ynashga urinib ko‘r. Navbati bilan so‘qir va yetaklovchi bo‘linglar.

IBODAT: “Mehribon Xudoyim, men Senga har kuni tayanaman. Senga ma’qul bo‘lgan tarafga meni boshlagin”.

   

 

5 AVGUST. AHMOQ VA YANADA AHMOQROQ

Kalomdan o‘qish: Hikmatlar 13:14-20

Donoga hamroh bo‘lgan dono bo‘ladi, ahmoqqa yo‘ldosh bo‘lgan esa halok bo‘ladi (Hikmatlar 13:20).

 

Jim Kerri va Jeff Deniels “Ahmoq va yanada ahmoqroq” nomli mashhur komediyada o‘ynashgan. Jim Kerrining qahramoni ahmoq edi, Jeff Denielsning qahramoni esa yanada ahmoqroq bo‘lgan.

 Qahramonlari o‘zlarini ahmoqona tutgan ko‘plab filmlar mavjud va barchamizda ham shunga o‘xshash do‘stlarimiz bor. Ko‘raylikchi, kim qaysi bilan do‘stlashganini sen topa olarmikansan.

Ueyn

Ja’far

Shensi

Liza

Lloyd

Miko

Garri

Bart

Yago

Flit

Gart

Ed

 

Xo‘sh, qalay? Balki, sen Ueyn va Gart “Ueynning olami” serialining qahramonlari ekanligini, Bart va Liza “Simpsonlar” serialidagi aka-singil ekanligini, Bill va Ted esa Aleks Uinter va Kianu Rivz bosh rollarda o‘ynaydigan “Bill va Tedning g‘aroyib sarguzashtlari” filmining qahramonlari ekanligini bilarsan. Miko va Flit “Pokaxontas” multfilmidagi yenot va kolibri qushi bo‘lsalar, Shensi va Ed “Qirol Sher” multfilmidagi sirtlonlar bo‘lishadi. Ja’far esa “Oloviddin va sehrli chiroq” kinoasaridagi yovuz sehrgar bo‘lsa, Yago uning qanotli do‘sti. Nihoyat, Lloyd va Garri “Ahmoq va yanada ahmoqroq” filmidagi personajlardir.

 Ehtimol, senda “Ahmoq va yanada ahmoqroq” filmidagi Garri kabi yoki “Ueynning olami” serialidagi Gartga o‘xshagan do‘stlaring yo‘q bo‘lsa kerak (yo‘q ekanligiga umid qilaman!). Biroq sening do‘stlaring aqlli, uddaburon va xushchaqchaq bo‘lishsa ham, baribir noxush vaziyatlarga tushib qolishlari mumkin.

 Muqaddas Kitobda shunday yozilgan: “Donoga hamroh bo‘lgan dono bo‘ladi, ahmoqqa yo‘ldosh bo‘lgan esa halok bo‘ladi” (Hikmatlar 13:20). Boshqacha qilib aytganda, shunchaki to‘g‘ri qaror qabul qilish muhim emas; to‘g‘ri qaror qabul qiladigan do‘stlarga ega bo‘lish ham muhim. Dono bo‘lmoq uchun, do‘stlarni ham donolik bilan tanlash lozim.

 MULOHAZA QILGIN: Yuqorida keltirilgan ro‘yxatda sen munosabat o‘rnatishni istaydigan “do‘stlar” bormi? Ehtimol, ulardan ba’zilari bilan aloqani uzishni istarsan? Sening to‘g‘ri qaror qabul qilishingga yordam beradigan do‘stlaring bormi? Seni noto‘g‘ri yo‘lga undaydiganlarichi? (Ikkala holatda ham mard bo‘lgin!) Sen qachonlardir Xudodan dono do‘stlar bilan mustahkam va uzoq davom etadigan munosabatlar o‘rnatishni so‘raganmisan? Agar shunday bo‘lmasa, nima uchun buni hozir qilmaysan? Ushbu haftada do‘stlaring senga qanday ta’sir o‘tkazayotganini va... sen ularga qanday ta’sir ko‘rsatayotganingga e’tibor qarat.

IBODAT: “Rabbim, do‘stlarim menga yaxshi ta’sir ko‘rsatishlari uchun men ularga o‘zim yaxshi ta’sir o‘tkazishni istayman. Men donolik bilan do‘stlar tanlashimga yordam ber”.

    

 

6 AVGUST. AQL BOVAR QILMAYDIGAN SEVGI

Kalomdan o‘qish: Levilar 19:16-18

Qasos olmang, yurtdoshingizga qarshi kek saqlamang. Aksincha, o‘zgani o‘zingizni sevganday seving. Men Egangizman (Levilar 19:18).

 

Mana shunday bir vaziyatni tasavvur qilib ko‘rgin.

Sen o‘rtoqlaring bilan birgalikda maktab kafesida o‘tirganlaringda oldilaringga o‘qituvchi keladi. Ko‘rayapsanki, o‘rtoqlaringdan biri u bilan gaplashib seni barmog‘i bilan ko‘rsatyapti. O‘qituvchi sening yoqangdan tutadi.

– Men nima qildim? – deb so‘raysan sen.

– Nima qilganingni o‘zing bilasan! – deb qichqiradi o‘qituvchi va seni direktorning xonasi tomon tortadi. Sen o‘rtoqlaring yordam berishini kutasan, ammo ular qayoqqadir g‘oyib bo‘lishadi.

Seni direktorning xonasiga olib kiritishadi va o‘rindiqqa o‘tirg‘izib qo‘yishadi. Sen hayron qolib o‘zing hatto tanimaydigan bolalar birin-ketin direktorga maktab oldidagi mashinalar turar joyida barcha avtomobillarning oynasini sen urib sindirganingni aytayotganlarini eshitib turasan.

 Sen direktorga aybdor emasligingni, hech qachon bunday qilmasligingni, senda aybsiz ekanligingni isbotlaydigan dalil borligini aytishga urinasan. Biroq hech kim seni eshitmaydi. Nihoyat sening ko‘zlaringni bog‘lashadi, maktab hovlisidagi ustunga bog‘lab qo‘yishadi, maktabdagilar hammasi seni barmoqlari bilan ko‘rsatib, kulishadi va haqorat qilishadi. So‘ngra esa hamma uyiga ketadi, qorong‘i tushib havo sovuydi va sen zulmatda qaltiragan, yolg‘iz ahvolda qolasan. Va sen hech narsada aybdor bo‘lmagansan.

 Sen o‘zingni bunday vaziyatda qanday tutgan bo‘larding? G‘azabdan aqlu hushingni yo‘qotgan bo‘larding, to‘g‘rimi? Agar seni o‘qituvchi emas, diniy hokimiyat vakillari ushlab olishganida nima bo‘lardi? Agar seni oynani sindirishda emas, qo‘zg‘olon ko‘tarishga tayyorgarlikda ayblashsachi? Agar seni direktorning xonasiga olib bormay, chalajon bo‘lguningcha azob berishsa va urishsa nima bo‘lardi? Agar seni ustunga bog‘lamasdan, xochga mixlasalarchi? O‘shanda sen nimalar degan bo‘larding?

 Sen, Iso O‘zini qanday tutganini bilasan. Do‘stlari Unga xiyonat qilishdi. Uni adolatsiz ravishda aybdor qilishdi. Uning ustidan masxara qilib kulishdi, Unga tupurishdi. Unga nisbatan shafqatsiz va tuban munosabatda bo‘lishdi. Biroq U shunday deb ibodat qildi: “Ey Ota! Ularni kechirgin, ular nima qilayotganlarini bilmaydilar” (Luqo 23:34).

 Nima uchun? Axir U samodan olov chaqirishi va bu odamlarga saboq berib qo‘yishi mumkin edi. Ammo U bunday qilmadi. Odamlar Unga xiyonat qilishdi, U esa baribir odamlarni sevdi. Hattoki ular Isoni beshafqatlarcha urganlarida ham ularni sevdi. Uni o‘ldirishgan bo‘lishsa ham baribir U odamlarni sevdi.

 Bu hayratomuz, to‘g‘rimi? Deyarli ishonib bo‘lmaydi. Lekin bu aynan shunday bo‘lgan.

 Mana buni esa sevgi deydilar.

 MULOHAZA QILGIN: Nima deb o‘ylaysan, kimnidir sevish va shu bilan birga undan qasos olish mumkinmi? Nima uchun “ha” va nima uchun “yo‘q”? Sen hozirning o‘zidayoq kimnidir kechirishing kerakmi? Agar shunday bo‘lsa, nima uchun buni bugunning o‘zidayoq amalga oshirmaslik kerak?

 HARAKAT QIL: Keyingi safar ustun yonidan o‘tayotganingda, Iso Uni xochga mixlaganlarni kechirganini va sevganini eslab qo‘ygin.

IBODAT: Agar sen kimdandir o‘ch olmoqchi bo‘lsang, Xudodan senga kim ziyon yetkazgan bo‘lsa uni sevishing va kechirishing uchun yordam berishini so‘ragin.

         

 

7 AVGUST. O‘ZIMIZNI OQLASHGA URINISH

Kalomdan o‘qish: Rimliklar 12:17-21

Bir-biringizga bo‘lgan mehr-muhabbatingiz samimiy bo‘lsin (Rimliklar 12:9).

 

Odamlar o‘zlarini oqlashning turlicha yo‘llarini o‘ylab topishadi:

·   “Mening daftarimni it yeb qo‘ydi”.

·   “Menga nimadir bo‘ldi”.

·   “Men sachratqichda bo‘yoq borligini bilmagandim”.

·   “Bu gap shunchaki og‘zimdan chiqib ketdi”.

·   “Shayton yo‘ldan urdi”.

·   “Men qurol o‘qlanganini bilmagandim”.

·   “Meni itarib yuborishdi”.

·   “U birinchi bo‘lib boshladi”.

Sen bunga o‘xshash gaplarni avval ham eshitgansan. Ehtimol, o‘zing ham shunday degandirsan (bu haqda mard bo‘lib o‘zing tan ol!).

Odamlar hali Odam Ato va Momo Havo Adan bog‘ida ta’qiqlangan mevani yegan paytlaridayoq o‘zlarini oqlay boshlashgandi: Odam Ato uni bunga xotin undaganini aytgan: xotin unga mevani bergan; Momo Havo esa bu uning aybi emasligini aytgan: uni bunga ilon majbur qilgandi.

Shundan buyon ming yilliklar o‘tdi, biz baribir hech narsani o‘rgana olmadik. Biz o‘z harakatlarimizni, ayniqsa, unda sevgi bo‘lmaganida, oqlashda davom etyapmiz. “Bunga o‘zi aybdor”, deymiz. “Unga shunday jazo berilishi kerak edi”, “U meni birinchi bo‘lib urdi”, “U men bilan ham xuddi shunday qilgan bo‘lardi”, “Agar u meni yaxshi ko‘rmasa, nega men uni sevishim kerak?” Sen buning qanday bo‘lishini yaxshi bilasan.

Biroq biz o‘zimizni oqlashga qanchalik urinmaylik, o‘zimizni berahmlarcha tutganimizda bizni oqlab bo‘lmaydi. Albatta, biz uchun hamisha kimdir aybdordek tuyuladi. Albatta, u bizning sevgimizga arzimaydi. Biroq Muqaddas Kitobda shunday deb yozilgan:

“Bir-biringizga bo‘lgan mehr-muhabbatingiz samimiy bo‘lsin... hech kimga yomonlik evaziga yomonlik qaytarmanglar... o‘zingiz uchun qasos olmang, balki Xudoning g‘azabiga yo‘l qo‘yib bering. Axir Muqaddas bitiklarda Egamiz shunday deb aytgan-ku: “Men O‘zim qasos va o‘ch olaman”. Zero, dushmaning och bo‘lsa, ovqat ber, chanqagan bo‘lsa, suv ichir, Shunda uning boshiga yonayotgan cho‘g‘ yiqqanday bo‘lasan. Yomonlik sizni mag‘lub qilmasin, aksincha, siz yomonlikni yaxshilik bilan mag‘lub eting” (Rimliklar 12:9, 17-21).

 Albatta, bu juda qiyin. O‘zini oqlashga urinish anchayin oson. Biroq sevgi bu ezgulikdir. Sevgi hamisha yaxshi.

 MULOHAZA QILGIN: Biz hammamiz o‘zimizning noto‘g‘ri ishlarimizni oqlashga urinamiz. Biror kishi bilan keskinlashib qolganingda o‘zingni qay tariqa oqlaysan? Sen hozir o‘z harakatingni qandaydir tarzda oqlash yo‘llarini o‘ylab ko‘ryapsanmi? Agar shunday bo‘lsa, sen qanday yo‘l tutishing lozim?

IBODAT: “Mehribon Xudo, menga o‘zimning nojoiz harakatlarimni oqlash yo‘llarini o‘ylab topmasligim uchun yordam ber, misol uchun, men .................... hattoki qiyin bo‘lganida ham to‘g‘ri yo‘l tutishimga yordam ber”.

 

 

8 AVGUST. MEL, MERAYYA VA MEDDEN

Kalomdan o‘qish: 1 Korinfliklar 13:1-13

Sevgi sabr-toqatli va mehribondir. Sevgi hasad qilmaydi, maqtanmaydi, kekkaymaydi. Sevgi odobsizlik qilmaydi, achchiqlanmaydi, kek saqlamaydi (1 Korinfliklar 13:4-5).

 

 HECH KIMGA SIR EMAS, Shakil O’Nil basketbolni yoqtiradi.

 Sen, Bill Geyts kompyuterlarni yaxshi ko‘rishini bilib, ajablanmaysan.

 Yoki Mel Gibson kinoda o‘ynashni yaxshi ko‘rishini ham.

 Yoki Merayya Keri qo‘shiq kuylashni yaxshi ko‘rishini bilsang ham.

 Yoki Jon Medden futbolni yoqtirishini bilganingda ham.

 Yoki Yekaterina Gordeyeva konkida uchishni yaxshi ko‘rishini bilsang ham hayron qolmaysan.

 Bu axir yaqqol ma’lum-ku, to‘g‘rimi? O’Nil ko‘p vaqtini basketbol o‘yiniga bag‘ishlaydi. Bill Geyts Windows va boshqa kompyuter dasturlarini sotib, yirik mablag‘ to‘pladi. Mel Gibson har yili yangi filmda suratga tushadi. Agar Merayya Keriga qo‘shiq kuylash yoqmaganida, u kuylashni yig‘ishtirib, boshqa biror ish bilan shug‘ullangan bo‘lardi.

 Sen odatda odamlar nima qilayotganlari va gapirayotganlariga qarab, ularga nima yoqishi haqida aytishing mumkin. Xudo ham sevgi tuyg‘usini juda muhim deya hisoblashi shu kabi ayon. U bu haqda muntazam gapiradi. U, biz yaqinlarimizni, bir-birimizni, Xudoni yana va yana sevishimiz lozimligini aytadi. Muqaddas Kitobda ham shu haqda yozilgan: “Mana bu uch narsa bor: ishonch, umid va sevgi. Sevgi esa eng a’losidir” (1 Korinfliklar 13:13).

 Albatta, biz uning amrlaridan Xudoning sevgiga nisbatan munosabati qanday ekanligini, Uni va bir-birlarimizni, hattoki dushmanlarimizni sevishimiz kerakligini ko‘rishimiz mumkin. Uning amrlaridan ayonki, sevgi bu yaxshi. Xudoni sevish to‘g‘ri. Yaqinlarni sevish to‘g‘ri. Hattoki dushmanlarni sevish ham to‘g‘ri, negaki Xudo shunday degan.

 MULOHAZA QILGIN: Xudo sevgiga nisbatan qanday munosabatda bo‘ladi? Sen bu haqda qayoqdan bilasan? U O‘z sevgisini senga qay tariqa namoyon etgan? Sening harakatlaringdan sevgini qadrlashingni bilsa bo‘ladimi? Nima uchun “ha” va nima uchun “yo‘q”? Sening harakatlaring ezgulik va yovuzlik haqidagi tasavvurlaringni qay tariqa aks ettiradi? Sen Xudoni sevish haqidagi Uning amrlarini bajarasanmi? Atrofingdagilarni sevish haqidagi amrinichi? O‘Z dushmanlaringni sevish haqidagi amrni sen ado etasanmi?

HARAKAT QIL: 1 Korinfliklarga maktubning 13:4-5 oyatlarini o‘z so‘zlaring bilan qayta yozib, uni shunday jumlalar bilan yakunlagin:

Sevgi bu...

Sevgi bu...

U .................. emas.

U ................... emas.

U ................... emas.

U ................... emas.

U ................... emas.

U ................... emas.

IBODAT: “Sevuvchi Xudoyim, menga yaqinlarimni qanday sevishni ko‘rsatganing uchun Senga rahmat. Sening amrlaringni bajarishim uchun menga yordam ber”.

 

 

9 AVGUST. ENG QADRLI

Kalomdan o‘qish: 1 Yuhanno 4:7-11

Azizlarim, Xudo bizni shu qadar sevgani uchun ham biz bir-birimizni yaxshi ko‘rishimiz kerak (1 Yuhanno 4:11).

 

Tasavvur qilgin, sizlarning uyingiz yonib, barcha oila-a’zolaringiz (shuningdek, uy hayvonlaringiz ham) xavfsiz joyga o‘tib olishdi. To‘satdan sening oldingda farishta namoyon bo‘lib, sen yonayotgan uylaringga qaytishing va undan bittagina yagona buyumni eson-omon olib chiqishing mumkinligini aytadi.

 Xo‘sh, sen nimani olib chiqqan bo‘larding?

 Yig‘ib qo‘ygan jamg‘armangnimi? Magnitofonnimi? Ehtimol, sevimli o‘yinchog‘ing timsohni olib chiqarsan? Yoki do‘sting senga sovg‘a qilgan o‘sha xotira sifatida qadrli ryukzaknimi? Biror bir suratnimi? Oilaviy albomnimi?

 Bu nima bo‘lgan bo‘lardi? O‘qishni davom ettirishingdan avval biror qarorga kelgin. Xo‘sh, qaror qildingmi? Yaxshi, o‘qishda davom et.

 Nima uchun sen aynan o‘shani tanlading? Birgina sabab tufayli: bu sen uchun eng qadrli buyum. Balki, u qiymati bo‘yicha eng qimmat emasdir. Ehtimol, odamlar nazarida u hech nimaga arzimas. Biroq sen uni qutqarib qolishga ahd qilibsanmi, demak, u qanday sabab bo‘lmasin sen uchun eng qadrli ekanini anglatadi.

 Bilasanmi nima? Agar Xudoni shunday tanlov qilishga undaganlarida edi, U nimani tanlagan bo‘lardi? Seni. U shunday qaror qilgan. Olamga gunoh kirib kelganida Xudo yaratgan borliqdagi barcha narsalar halokatga mahkum bo‘lgandek tuyulgandi. Samo va zamin yo‘q qilinishi va o‘rniga yangisi paydo bo‘lishi kerak edi. Biroq Xudo o‘zining eng qadrli ijodini, ya’ni, seni qutqarish uchun O‘z O‘g‘lini yubordi. U seni qutqarishi uchun azob chekishi va o‘lishiga to‘g‘ri keldi, ammo U buni bajardi. Bilasanmi, nima uchun U shunday qildi? Negaki, U seni sevadi. U seni shu darajada sevadiki, seni tanladi, sen uchun azob chekdi va jonini berdi.

 “Azizlarim - deb yozilgan Kalomda, - Xudo bizni shu qadar sevgani uchun ham bir-birimizni yaxshi ko‘rishimiz kerak” (1 Yuhanno 4:11). Xudo “...bizga hayot berish uchun yagona O‘g‘lini dunyoga yubordi” (1 Yuhanno 4:9), ya’ni U seni qanchalik kuchli sevishini hamda sevgini qanday qadrlashini ko‘rsatdi.

 MULOHAZA QILGIN: Sen Xudoning Kalomidan Uning nimani qadrlashini tushuna olasanmi? Sen Xudoning xazinasi qandayligini Uning harakatlaridan tushuna olasanmi? Sen Xudo nimani qutqarishiga qarab U nimani qadrlashini ayta olasanmi? Agar shunday bo‘lsa, qanday qilib? Xudo O‘z sevgisini senga qay tariqa namoyon etgan? Xudo seni nihoyatda kuchli sevadi bu tuyg‘u senga qanday ta’sir qiladi? Xudo seni sevar ekan, sen nimani qadrlashing lozim? Xudo seni sevar ekan, sen nimalar qilishing kerak?

 HARAKAT QIL: O‘zingdagi eng qadrli buyumni stol ustiga yoki ko‘rinadigan biror joyga qo‘ygin, zero, bu Xudo seni qanchalik sevishini, U senga sevgi bilan yondashishini va sen boshqa odamlarga qanday munosabatda bo‘lishing kerakligini eslatib tursin.

IBODAT: “Rabbim, Sen meni qadrlaganing uchun minnatdorman. Men sevgini qadrlashimni ko‘rsatmoqchiman” .......................... (boshqa odamlarni yaxshi ko‘rib; ota-onamni yaxshi ko‘rib va hokazo)”.

      

 

10 AVGUST. O‘RDAKCHALAR VA MUSHUKCHALAR

Kalomdan o‘qish: 1 Yuhanno 4:16-19

Xudo sevgidir. Sevgini diliga jo qilgan kishi Xudo bilan birga yashaydi va Xudo u bilan birga yashaydi (1 Yuhanno 4:16).

    

Sen kuchukchalar nima ekanligini bilasan-a? Mushuklar mushukchalarni dunyoga keltirishlarini ham bilasan-ku. Xo‘sh, boshqa hayvonlarning bolalarini ham bilasanmi?

1.

Qurbaqa

A.

Jo‘ja

2.

Suv qunduzi

B.

Bug‘u bolasi

3.

Tovuq

V.

Tuyaqush bolasi

4.

Ot

G.

Tulki bolasi

5.

Kit

D.

Buzoqcha

6.

Bug‘u

E.

Itbaliq

7.

Kenguru

J.

Toychoq

8.

Tuyaqush

Z.

Qunduz bolasi

9.

Sigir

I.

Kit bolasi

10.

Tulki

K.

Kenguru bolasi

 

Javoblarni tekshirishga tayyormisan?

Mana ular: 1 E;   2 Z;   3 A;   4 J;   5 I;   6 B;   7 K;   8 V;   9 D;   10 G.

To‘g‘ri, jo‘ja tovuqdan dunyoga keladi, bug‘uchalar esa – ona bug‘udan. Itbaliqlarni qurbaqalar tug‘ishadi.

Bilasanmi, yana nima? Xudo sevgini hosil qiladi.

Albatta, sen bu haqda bilasan, biroq takror va takror qaytarib aytishga to‘g‘ri keladi. Xudo sevgini hosil qiladi. Hamma ham sevgi yaxshi ekanligini, nafrat esa yomon ekanligini biladi. Biroq ko‘pchilik odamlar sevgi nima uchun to‘g‘ri ekanligini bilshmaydi: negaki Xudoning O‘zi sevgidir. Sevgi – Xudo tabiatining bir qismi; bundan kelib chiqadiki, sevish to‘g‘ridir.

 Odamlar yana bir narsa haqida unutib qo‘yishadi; biz qanchalik ko‘p darajada “Xudoda yashasak”, ibodat qilsak, Muqaddas Kitobni o‘qisak va Unga sajda qilsak hamda shu kabilarni ado etsak, shunchalik darajada boshqalarni sevamiz, hattoki sevishimiz qiyin bo‘lganlarga ham sevgi ko‘rsata olamiz. Hattoki, sevib bo‘lmaydiganlarni ham sevamiz! Negaki, “Xudo sevgidir. Sevgini diliga jo qilgan kishi Xudo bilan birga yashaydi va Xudo u bilan birga yashaydi” (1 Yuhanno 4:16).

 MULOHAZA QILGIN: Hamma yaxshi narsalar kabi, sevgi ham Xudodan hosil bo‘ladi. Sen Xudo sevgi ekanligini qayoqdan bilasan? Agar Muqaddas Kitobda aytilganidek, “Xudoning O‘zi sevgi” bo‘lmasa, nimalar bo‘lgan bo‘lardi? Sen bu haqda baribir bilgan bo‘larmiding? Qayoqdan? Sen kimnidir sevib qolishing uchun Xudoning yordami senga zarurmi? (To‘g‘risini ayt!) Agar shunday bo‘lsa, bu odam kim? Agar unga nisbatan sevgini his qilmayotgan bo‘lsang, nima qilish kerak? Bu odamga nisbatan sevgingni qay tariqa mukammallashtirish mumkin? (Maslahat: 1 Yuhanno 4:16-17 oyatlarga qaragin).

 HARAKAT QIL: Ushbu haftada kuchukchalarga, mushukchalarga va boshqa hayvonlarning bolalariga e’tibor qarat. Ularga boqib, sevgi Xudodan hosil bo‘lishi haqida eslagin, negaki Xudoning O‘zi sevgidir.

IBODAT: “Rabbim, men .................. sevishim uchun Sening yordaming kerak (ismini yozgin). Boshqa odamlarni seva olishim uchun Sendan minnatdorman”.

   

 

11 AVGUST.  BARCHA SEVGINI ISTAYDI

Kalomdan o‘qish: Ibroniylar 13:1-3

Bir-biringizni birodarlarday yaxshi ko‘rishni davom ettiringlar (Ibroniylar 13:1).

 

SEN RADIONI YOQASAN va elektrogitaraning tovushini hamda shunday deb kuylayotgan ovozni eshitasan: “Bu aslo qiyin bo‘lmas, bu – sevgi tufayli...”.

Sen sozlash ushlagichini buraysan. Ayol ovozi yangraydi: “Nega, ey qizlar, xushro‘ylarni sevasiz...”. Yo‘q, bu sening ta’bingga to‘g‘ri kelmaydi!

Sen boshqa to‘lqinga o‘tkazasan, retro qo‘shiqni eshitasan: “Men shumtoldan so‘radim, sevgilim qayda ekan”. Sen xayolga botasan: “Otam esa zamonaviy musiqa zerikarli ekanligini aytadi-ya!”

Keyingi to‘lqinda odatda rok-musiqasini qo‘yishadi. Unda Soy shunday kuylaydi: “Yashash uchun hayot kerak, kutish uchun sevgi kerak”.

Nihoyat sen yoqtirgan radio to‘lqingacha yetib kelasan. “Bulutlar sari uchamiz, samoda o‘zaro sevmoq uchun...” “Mana, bu haqiqiy musiqa!” – deb o‘ylaysan sen.

Hamma sevgi haqida kuylaydi, to‘g‘rimi? Rok–musiqa, pop–musiqa, xalq qo‘shiqlari, hattoki masihiylik qo‘shiqlari ham aksariyat hollarda sevgi haqida kuylaydi. Hamma sevishni va sevilishni istaydi. Hamma “sevishmoq”ni xohlaydi. Nima uchun? Chunki hamma biladi: sevish – yaxshidir. Nafaqat yaxshi, balki ajoyib hamdir. Sevgi – Xudoning in’omi. Sevgining barcha ko‘rinishlari – nafaqat romantik sevgi – Xudodan hosil bo‘ladi. Sevgi odamlarga qoniqish baxsh etadi.

 Biroq odamlar sevgi haqida qanchalik kuylamasinlar, unga qanchalik intilishmasin va u haqda qanchalik orzu qilishmasin, ular baribir o‘zaro nizoga borishadi. Ular bir-birlari bilan urishishadi, bir-birlari bilan gaplashishmaydi, bir-birlaridan g‘azablanishadi. Ular bir-birlariga og‘riq berishadi. Ular bir-birlaridan nafratlanishadi.

 Bu axir bema’nilik-ku, to‘g‘rimi? Agar o‘ylab ko‘rsangiz, sevish va sevilish qanchalik quvonchli va kimdandir nafratlanish va unga azob berish naqadar yoqimsiz. Agar sen qachonlardir yig‘layotgan go‘dakni ovuntirgan bo‘lsang sevish qanchalik yoqimli ekanligini bilasan. Agar sen qachonlardir onang yoki otang qo‘lida uxlab qolgan bo‘lsang, sevimli bo‘lish naqadar yoqimli ekanligini bilasan. Agar sen qachonlardir kattalar qo‘lidan shirinlik olayotgan bolaning yuz ifodasini ko‘rgan bo‘lsang, sevgining naqadar ajoyibligini bilasan.

 Sevgi to‘g‘rilikdir. U nafratga nisbatan o‘ta yoqimlidir.

 MULOHAZA QILGIN: Bu borada mushohada etishga arziydigan masalalar bor. Agar sen nafratlansang, o‘zingni yanada ko‘proq darajada zaif qilasan; agar sevsang, bu holda javob tariqasida yanada ko‘proq sevgi olasan.

 HARAKAT QIL: Bugun radioni tinglab, qancha qo‘shiq sevgiga bag‘ishlanganiga e’tiboringni qarat.

IBODAT: “Mehribon Iso, men bugun boshqa odamlarni samimiy tarzda sevishim uchun yordam ber”.

    

 

12 AVGUST. OHANRABONING XUSUSIYATI

Kalomdan o‘qish: Galatiyaliklar 5:13-15

Ey birodarlr, sizlar ozod hayot kechirishga da’vat qilingansizlar. Lekin bu o‘zingizning xudbin istaklaringizga erk berish degani emas, aksincha, bir-biringizga muhabbat bilan xizmat qilinglar, deganidir (Galatiyaliklar 5:13).

 

QACHONLARDIR BIR BOLA temirchining shogirdi bo‘lib ishlagan ekan. Temirchi qattiqqo‘l bo‘lib, ustaxonani toza tutishni yaxshi ko‘rar ekan.

 Temirchi bir kuni shogirdiga metall qirindilari solingan kattagina qutini berib, uni temir eritadigan va turli asboblar hamda bezaklar yasaydigan o‘choq yoniga olib borishini buyuribdi. Bolakay ustaning aytganini qilib, yo‘lda borayotganida qoqilib ketibdi. Uning qo‘lidan quti tushib ketib, temir qirindilari yerga sochilib ketibdi.

– Faqat shunisi yetmay turgandi! – deya hayqiribdi bolakay. – Endi nima qilaman?

Temirchi hali bu yerga kelgunicha va no‘noq shogirdidan jahli chiqmagunicha temir qirindilarini tezroq yig‘ib olish kerak edi. Shogird tizzalab o‘tirganicha o‘tkir qirindilarni qo‘li bilan yig‘ib olavergani uchun barmoqlarini kesib olibdi. So‘ngra u qo‘liga supurgi olibdi va supurgi ham bu o‘rinda unga yordam berolmasligini tushunibdi, negaki qirindilar chiviqlar orasida tiqilib qolgandi. Ko‘pgina bo‘lakchalar pol yoriqlari orasida qisilib qolgan bo‘lib, ularni chiqarib olishning imkoni yo‘q edi.

– Nima qilsam ekan? – deya takrorlayveribdi bolakay.

Xo‘sh, sen nima qilgan bo‘larding? Qo‘l bilan yig‘ib bo‘lmaydi. Supurgi bilan sidirib olishning iloji yo‘q. Bolakayning yonida chang yutgich bo‘lganida ham, u baribir yordam berolmasdi: zero, u nafaqat qirindilarni poldan yig‘ib olishi, balki o‘choq oldiga olib borishi kerak edi. Ehtimol, sen ham bu o‘rinda bolakay o‘ylaganidek ish tutgan bo‘larding. U nihoyat o‘ziga kerak bo‘lgan narsani topdi – ohanrabo! Ohanrabo barcha metall qirindilarni o‘ziga tortib oldi polda yotganlarini ham, teshikda qisilib qolganlarini ham.

Sen masihiylik sevgisi ham xuddi ohanrabo kabi xususiyatga ega ekanligini bilasanmi? Yo‘q, u poldan metall qirindilarini yig‘maydi. Biroq u xuddi ohanrabo temirni o‘ziga tortganidek, atrofdagilar sevgisini o‘ziga tortadi. Sen qachonki sevganingda, javoban sevgini qabul qilasan. Haqiqiy masihiylik sevgisi xuddi ohanrabo kabi sening hayotingga yangi va yangi sevgini olib kiradi. Muqaddas Kitobda sevgining bunday xususiyatiga taalluqli ko‘plab voqealar keltirilgan: misol uchun, Bo‘azning Rutga bo‘lgan, Isoning Lazarga bo‘lgan, Pavlusning Timo‘tiyga bo‘lgan sevgisini aytishimiz mumkin.

Nafrat va berahmlik boshqalarda g‘azab uyg‘otadi va baxtsizlik olib keladi, sevgi esa xuddi ohanrabo metallni o‘ziga tortgani kabi sevgini o‘ziga jalb etadi.

MULOHAZA QILGIN: Masihiylik sevgisi nimasi bilan ohanraboga o‘xshaydi? Sen kimni chinakam masihiylik sevgisi bilan yaxshi ko‘rasan? Sen kimni yaxshi ko‘rishing lozim bo‘lsada sevmaysan? Bugun atrofingdagilarga haqiqiy masihiylik sevgisini ko‘rsatishing uchun nimalar qilmog‘ing kerak?

 HARAKAT QIL: Agar ilojing bo‘lsa, ushbu haftada nafrat nafratni uyg‘otishi, sevgi esa sevgini jalb etishi haqida eslatib turishi uchun cho‘ntagingda ohanrabo solib yurgin.

IBODAT: “Samoviy Ota, atrofdagilarga nisbatan sevgining ustunligini ko‘rishim va his qilishim uchun menga yordam ber”.

   

 

13 AVGUST. SEVGI GUNOHLARNI KECHIRADI

Kalomdan o‘qish: Hikmatlar 10:11-12

Nafrat janjal qo‘zg‘aydi, sevgi-muhabbat esa hamma gunohlarni kechiradi (Hikmatlar 10:12).

 

SEN NIMANI TANLAGAN BO‘LARDING?

Nima deb o‘ylaysan, qaysi mamlakat urushga jalb qilinishi mumkin:

·   Qo‘shni mamlakatlardan neft o‘g‘irlayotgan mamlakat?

·   Boshqa mamlakatlarga oziq-ovqat va dori-darmonlar jo‘natayotgan mamlakat?

Nima deb o‘ylaysan, qaysi qo‘shni ustidan militsiyaga shikoyat qilishlari mumkin:

·   Ro‘paradagi qo‘shni uyning derazasiga axlat uloqtirayotgan qo‘shni ustidan?

·   Butun atrofdagilarga pechene ulashayotgan qo‘shni ustidan?

Nima deb o‘ylaysan, kim maktabdagi janjalga aralashib qolishi mumkin:

1.       Hammaning g‘azabini qo‘zg‘atadigan bola?

2.       Hammaga yaxshi munosabatda bo‘ladigan bola?

Bu savollarga javoblar aniq, to‘g‘rimi? Barchaning g‘azabini qo‘zg‘atadigan bola boshqalarni yaxshi ko‘radigan bolaga nisbatan janjalga aralashib qolishini tasavvur qilish qiyin emas. Va hammaga pechene ulashadigan qo‘shniga nisbatan axlatni qo‘shni uyning derazasiga uloqtiradigan qo‘shni ustidan militsiyaga shikoyat qilishlari ham turgan gap. Shuningdek, qo‘shni mamlakatlarga oziq-ovqat va dori-darmonlar yuborayotgan mamlakat emas, balki qo‘shni yurtlardan neft o‘g‘irlayotgan mamlakat urushga tortiladi.

Muqaddas Kitob ushbu so‘zlarni aytayotganida, mana, nimani nazarda tutadi: “Nafrat janjal qo‘zg‘aydi, sevgi-muhabbat esa hamma gunohlarni kechiradi” (Hikmatlar 10:12). Sevgining yo‘qligi va nafratlanish – nafaqat nafratga uchragan odamlar uchun, balki o‘zi nafratlanayotganlar uchun ham murosasozlik va janjallarni keltirib chiqaradi. Sevgi bularning hammasidan seni himoya qiladi. Sevgi nafaqat sening boshqalar bilan munosabatingni yengillashtiradi, u sening xatolaringni va noo‘rin ishlaringni ham kechirishga yordam beradi. Sevgi sening hayotingni yanada yoqimli va halovatli qiladi.

Sevgi bilan bo‘lgan vaziyatlar yana bir bora Xudoning amrlarini bajarish biz uchun xayrli ekanligini ko‘rsatadi: u bizni janjal va to‘polonlardan asraydi, hayotimizga tinchlik va baxt olib keladi.

MULOHAZA QILGIN: Xudoning amrlari bizning baxt-saodatimiz uchun berilgan. Uning bir-birimizni sevish haqidagi amri bizni biror narsadan asraydimi? Agar shunday bo‘lsa, nimadan? Uning bir-birimizni sevish haqidagi amri bizga biror narsa beradimi? Agar shunday bo‘lsa, aynan nimani?

IBODAT: “Rabbim, Sen meni sevganing uchun minnatdorman. Sen menga O‘z amrlaringni berganing uchun rahmat. Bu amrlar mening baxt saodatim uchun berilganini yodda tutishim uchun yordam ber. Boshqalarni yanada ko‘proq yaxshi ko‘rishim uchun menga ko‘maklash, ayniqsa ................................”.

 

 

14 AVGUST. KATTA VA KICHIK MATRYOSHKALAR

Kalomdan o‘qish: Yoqub 2:1, 8-13

Ey birodarlarim, ulug‘vor Rabbimiz Iso Masihga ishonar ekansiz, yuz xotirchilik qilmanglar (Yoqub 2:1).

 

SENING UYINGDA matryoshkalar bormi? Sen buni bilasan: katta matryoshkani ochasan va unda yana bir kichikroq matryoshkani ko‘rasan, unisini ochsang yanada kichikroq matryoshka bor va shu tariqa davom etaveradi. Ba’zan sakkiz-o‘nta matryoshkalar bir-birining ichida joylashtiriladi va har biri oldingisidan kichikroq bo‘ladi.

Ayrim odamlarning hayoti shu qoidaga asosan qurilgan. Misol uchun, bizning ko‘plab tanishlarimiz bor, sinfdoshlar, qo‘shnilar, jamoatdagi kishilar va shu kabi odamlar. Ana shu ko‘plab odamlarn orasidan biz o‘zimizga do‘stlar tanlaymiz.

Biroq ayrim odamlar o‘z tanlov doiralarini qisqartirishadi. “Men u bilan hech qachon do‘st bo‘lolmayman! - deyishadi ular. - U juda g‘alati”. Va yaqin do‘stlarni tanlash doirasi qisqarib boradi.

Kimdir bu doirani yanada tor qiladi. “Men u bilan bir stol atrofida o‘tirolmayman, - deydi ular. - Uning ota-onasi qashshoq!” Shu tariqa ular o‘z doiralarini yanada tor qilib olishadi.

Kimdir esa bu bilan ham cheklanmaydi. “Agar xohlasang, sen u bilan o‘rtoqlashishing mumkin, -deyishadi ular, -biroq men har qanday churvaqa bilan munosabat o‘rnatmayman!”

Kimdir boshqalarning terisi rangi, kiyimining rangi yoki oyoq lakining rangi bois ular bilan do‘stlashishni istashmaydi. Kimdir o‘z do‘stlarini eng kichkina matryoshkaga joylashtirmoqchi bo‘ladi. “Axir meni u bilan birga ko‘rib qolishlari mumkinmi? Uning maktabda obro‘si yo‘q!”

Oxir-oqibat, kim biladi deysiz, o‘sha “obro‘siz” qiz dunyodagi eng yaxshi dugona bo‘lishi mumkin emasmi? “Churvaqa” esa olamdagi eng quvnoq yigit bo‘lishi mumkin, albatta, u bilan yaqinroq tanishsang agar. “Qashshoq” oiladan chiqqan bolakay darsdan so‘ng sen bilan birga qolishi va seni velosiped haydashga o‘rgatishi mumkin.

Albatta, agar o‘z imkoniyatlaring doirasini qisqartirsang, bu haqda hech qachon bilolmaysan. Sen nafaqat taniqli bolalarga, nafaqat boylarga va uddaburon bolalarga, balki hammaga sevgi bilan yondashishing lozim. Negaki, kim biladi deysan, qachonlardir ulardan biri nihoyatda yaxshi do‘st bo‘lib chiqishi mumkin.

MULOHAZA QILGIN: Yaqin do‘stlar topish uchun sening imkoniyatlaring qanchalik keng darajada? Sen kimnidir bundan mustasno etyapsanmi? Sen o‘z tanlovingni qanday qilib kengaytirishing mumkin? Bugundan boshlab bu imkoniyatlaringni kengaytirish uchun nimalar qilmoq kerak?

HARAKAT QIL: Imkoning bo‘lsa, eng kichkina matryoshkani topgin. U senga bugun va hamisha barchani sevish nihoyatda muhim ekanligini eslatib turishi uchun stol ustiga qo‘yib qo‘ygin.

IBODAT: “Rabbim, menga yaqin do‘stlarim doirasini kengaytirishim uchun yordam ber. Men odatda pisand qilmaydigan va muloqot doirasidan soqit qiladigan odamlarni yaxshi ko‘rishim uchun menga jasorat ato qilgin”.

    

 

15 AVGUST. DALILLAR VA HIS-TUYG‘ULAR

Kalomdan o‘qish: 1 Korinfliklar 13:4-13

Sevgi nohaqlikdan sevinmaydi, aksincha, haqiqat qaror topganida shodlanadi (1 Korinfliklar 13:6).

 

Tasavvur qilgin: bir shved bolasi onasining oldiga keladi.

– Ona, – deydi u, – men shved bo‘lishni boshqa xohlamayman.

Yoki bobo nevarasiga shunday deganini tasavvur qil:

– Endi sening bobong bo‘lish menga yoqmaydi.

Yoki kambag‘al shunday deb qoladi:

– Bu yil men kambag‘al bo‘lmoqchi emasman!

Yoki to‘rtinchi sinf o‘quvchisi shu tariqa e’lon qiladi:

– Men o‘ninchi sinfga o‘tishni istayman!

Yoki parashyutchi shunaqa deydi:

– Men bugun parashyut taqishni istamayman, men balandga uchmoqchiman!

Sen bu odamlarga nima deb javob bergan bo‘larding?

Ehtimol, shunga o‘xshash javob qilgan bo‘larding: “Sen shved bo‘lishni xohlaysanmi yoki yo‘qmi, baribir shvedsan, gap tamom!” Yoki: “Balki sen o‘ninchi sinfga o‘tishni istarsan, ammo hozir to‘rtinchi sinfda o‘qiyapsan!” Boshqacha qilib aytganda, odamlarning his-tuyg‘ulari dalillar bilan aslo kelisha olmaydi. His-tuyg‘ular dalillarni o‘zgartirmaydi, to‘g‘rimi?

Odamlar to‘g‘ri qaror qabul qilishga uringanlarida ham xuddi shunday holat yuz beradi. Ehtimol, sen bilan ham shunday holat yuz berar. Sen Xudoning shunday deganini bilasan: “Bir-biringizni seving” (1 Yuhanno 4:11); “o‘zingizni sevgandek yaqinlaringizni seving” (Levilar 19:18); va hattoki “o‘z dushmanlaringizni seving” (Matto 5:44). Sen sevgining yaxshi ekanligini, nafrat (yoki befarqlik) yomon ekanligini bilasan.

– Lekin men mana bu yigitga toqat qilolmayman! – deysan sen.

– Siz uning qanchalik surbet va qo‘pol ekanligini tasavvur ham qilolmaysiz.

– Hech kim uni yaxshi ko‘rmaydi.

– Mening baribir undan jahlim chiqqan.

Biroq insonning his-tuyg‘ulari dalillarga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi. Sen o‘zingni qanday his qilmagin, baribir dalillarni o‘zgartirolmaysan, to‘g‘rimi?

Sening tuyg‘ularing tushunarli bo‘lishi mumkin. Ular mutlaqo to‘g‘ri bo‘lishi mumkin. Ular o‘zini oqlagan bo‘lishi mumkin. Biroq bu bilan ezgulik va yovuzlik o‘zgarib qolmaydi. Xudo shunday degan: “Bir-birlaringizni sevinglar” (Ibroniylar 13:11). Sen nimani his qilmagin, men nimani his qilmay, yana kimdir nimani his qilmasin – bu to‘g‘ri. Negaki bizning tuyg‘ularimiz dalillarga ta’sir ko‘rsatolmaydi.

MULOHAZA QILGIN: Sen qachonlardir ezgulik va yovuzlik go‘yo senga bog‘liq bo‘lgani singari o‘zingni tutganmisan? Agar shunday bo‘lsa, qay tariqa? Nima (yoki kim) aslida ezgulik va yovuzlikning qanday ekanligini hal qiladi?

HARAKAT QIL: Ehtimol, sen o‘z xonangda quyidagi oyatlar bitilgan plakatlarni osib qo‘ymoqchidirsan: “Ey Egam! Senga hamon umid bog‘laymiz, Sodiq sevging bizga yor bo‘lsin” (Zabur 32:22).

IBODAT: “Rabbim, men hamisha ham boshqa odamlarni sevishni istamasligimni tan olaman, shu bois menga eslatib tur: ezgulik va yovuzlik mening his-tuyg‘ularimga bog‘liq emas. Men kimnidir yaxshi ko‘rishni istamagan chog‘imda Senga itoat qilishimga yordam ber. Hattoki sevish og‘ir bo‘lgan kishilarni ham sevishimga ko‘maklashgin”.

 

 

16 AVGUST. ShAYTONNING STRATEGIYASI

Kalomdan o‘qish: Yahudo 1:1-3

Ammo buning o‘rniga sizlarni: “Imonimizni himoya qilaylik”, deb undamoqchiman (Yahudo 1:3).

 

TASAVVUR QIL, sen – iblissan. Sening vazifang – odamlarni yo‘ldan urish va ularning to‘g‘ri qarorga kelishlariga xalaqit berish. Sen odamlar baxtsiz bo‘lishini xohlaysan, ularning qalblari oxir-oqibat nihoyatda yomon joyga tushishini istaysan. Xo‘sh, sen nima qilgan bo‘larding?

Ehtimol, sen odamlarga ezgulik va yovuzlik mavjud emasligini uqtirishga uringan bo‘larding, to‘g‘rimi? Agar ular ezgulik va yovuzlikka ishonmasalar, ularni yomonlikka undash osonroq bo‘lardi, to‘g‘rimi?

Biroq, baribir ezgulik va yovuzlik mavjud ekanligiga ishonadigan odamlar qolgan bo‘lardi. Sen ularning yaxshi yo‘l tutishlariga xalaqit berishingga to‘g‘ri kelardi, shunday emasmi? Agar ular aynan nima yaxshi ekanligini bilmasalar, ularni yomon ish qilishga undash osonroq bo‘lardi, to‘g‘rimi?

Endi esa kimlardir nima yaxshiyu, nima yomonligini biladi deb tasavvur qilaylik. Agar sen iblis bo‘lsang, harqalay, baribir ularning harakatlari noto‘g‘ri ekanligiga ishontirishga urinib ko‘rgan bo‘larding.

Hattoki ayrim odamlar ezgulik va yovuzlikka ishongan va nima yaxshiyu, nima yomonligini bilgan taqdirlarida ham sen bor kuching bilan ular o‘z bilganlarini boshqalar bilan baham ko‘rishlariga xalaqit berish uchun uringan bo‘larding, to‘g‘rimi?

Agar sen iblis bo‘lsang, shunday yo‘l tutgan bo‘lmasmiding? Axir iblis shunday ish tutmaydimi? U odamlarni ezgulik va yovuzlik mavjud emasligiga ishontirmoqchi bo‘ladi. U odamlar nima yaxshiligini tushunishlariga xalaqit berishga urinadi. U odamlar hattoki qay tariqa to‘g‘ri yo‘l tutishni bilganlarida ham ularni nojoiz ishlar qilishga undaydi. U kim to‘g‘ri ish tutayotgan bo‘lsa, o‘sha kishi boshqa odamlar bilan o‘z bilimlarini baham ko‘rmoqchi bo‘lganida xalaqit berishga harakat qiladi.

Afsuski, iblisning strategiyasi ko‘p hollarda muvaffaqiyatli chiqadi. Biroq endi u nimalar qilayotganini bilgach, iblisning o‘z istaklariga erishishiga ijozat berolmaysan, to‘g‘rimi? Sen axir “imonimizni himoya” qilasan (Yahudo 1:3), to‘g‘rimi? “Umidingiz haqida sizdan so‘ragan har bir kishiga javob berishga doimo tayyor bo‘linglar” (1 Butrus 3:15). Sen ezgulik va yovuzlik haqida “muloyimlik va hurmat bilan” (1 Butrus 3:15) o‘z bilganlaringni boshqalar bilan baham ko‘rasanmi?

Albatta, sen xuddi shunday qilasan.

MULOHAZA QILGIN: Iblis nimaga erishmoqchi? U sen bilan o‘z maqsadiga erishganmi?

HARAKAT QIL: Ota-onangdan yoki cho‘pondan sen uchun K.S.Lyuis qalamiga mansub “G‘alamisning maktublari” kitobini topib berishlarini so‘ragin. Unda iblisning strategiyasi batafsil bayon etiladi (ikkinchi bobga alohida e’tiboringni qarat).

IBODAT: “Iso, ezgulik va yovuzlikni bilishimni boshqalar bilan muloyimlik va hurmat ila baham ko‘rishim uchun yordam ber”.

 

 

17 AVGUST. BARBOD BO‘LGAN TAJRIBA

Kalomdan o‘qish: Chiqish 37:1-3, 10-24

Bazazilning ko‘rsatmasi bilan akas yog‘ochidan Sandiq yasadilar ...Sandiqning ichkariyu tashqarisini toza oltin bilan qoplab, aylanasi bo‘ylab oltin gulchambar qildilar (Chiqish 37:1-2)

 

– HAMMASI TAMOM BO‘LDI! Hammasi barbod bo‘ldi! – olim go‘yo sochini yulib olmoqchi bo‘lgandek qo‘llari bilan boshiga yopishdi.

– Nima bo‘ldi? – deb so‘radi yangi yordamchi-talaba.

– Tajriba barbod bo‘ldi! Mening ko‘p yillik mehnat va izlanishlarim hammasi behuda ketdi.

Yordamchi nigohini olimdan uzib, endi qarshisidagi stol ustida naychalar va hujayralardan iborat murakkab tuzilmaga qaradi.

Olim g‘azab bilan yordamchiga boqdi:

– Negaki bu ... – u oppoq metall qutichani ko‘rsatdi, – sovutgich emas!

Yordamchi vahima bilan qutichaga qarab qoldi:

– R-rostdanmi?

– Rostdan ham! – deya qichqirdi olim. – Bu... – u bor kuchi bilan o‘zini tutishga urinardi, – germetik yopiq muhit bo‘lib, bizga keksayish jarayonini nazorat qilishimiz va ehtimol bu jarayonni orqaga qaytarish imkonini berardi.

U qutichani ochib, undan go‘sht solingan sariyog‘li nonni oldi va yordamchi-talabaning yuzi oldida uni silkita boshladi:

– Hammasi sen tufayli bo‘ldi! Bu quticha o‘n uch yil yopiq edi, sen esa qandaydir bemaza saryog‘li noning bilan o‘n uch yillik tajribani barbod qilding!

Yordamchi-talaba qo‘rquv bilan ko‘zlarini pirpiratib g‘o‘ldiradi:

– Men axir atayin qilmadim-ku...

Xo‘sh, agar go‘sht solingan sariyog‘li nonni germetik yopiq qutichaga qo‘ysa, buning nimasi yomon ekan? Olim nihoyatda g‘azablandi va tajriba barbod bo‘ldi, negaki tajribaning tozaligi buzilgan edi. Tajribaning tozaligi esa bag‘oyat muhim.

Ammo bu faqatgina ilmiy tajribalarga taalluqli emas: bu ko‘p narsalarga daxldor. Toza oltin boshqa metallar qo‘shilgan oltindan qimmat turadi; mana nima uchun Bazazil va uning yordamchilari Muqaddas chodirni qurishayotganda Ahd sandig‘i va boshqa buyumlarni toza oltindan yasashga uringanlar. Negaki tozalik yaxshidir.

Mana nima uchun Xudo bizning toza bo‘lishimizni istaydi. U gunoh bizning hayotimizni xarob qilishini istamaydi. Albatta, biz o‘z holimizcha poklanishimiz va tozalikni saqlashimizning iloji yo‘q, faqat Xudo buni amalga oshirishi mumkin. U bizni kechirishi va bizlarni gunoh hamda yolg‘ondan poklashi mumkin (1 Yuhanno 1:9). Sen poklikda yashashing uchun Xudoning yordam berishiga ishonasanmi?

MULOHAZA QILGIN: Nima deb o‘ylaysan, nega Muqaddas chodirning asbob-jihozlarini aynan toza oltindan yasash muhim bo‘lgan? Sen o‘zingni pokiza (gunohlarsiz) saqlay olasanmi? Nima deb o‘ylaysan, nima uchun hayotdagi pokizalikda Xudoning yordami zarur?

HARAKAT QIL: Oshxonadan etiketkasiga “toza” deb yozilgan biror narsani topgin. O‘sha buyumni u senga shuni eslatib turishi uchun ko‘rinadigan joyga qo‘ygin: sen pokizalikda yashashing uchun Xudoning yordamiga tayanishing kerak.

IBODAT: “Rabbim, tozalik yaxshi va to‘g‘ri ekanligini, hamda bu nafaqat oltinga, balki o‘zimga ham taalluqli ekanligini menga eslatib turgin”.

 

 

18 AVGUST. QOIDALARNI KIM O‘RNATADI

Kalomdan o‘qish: Chiqish 25:1-9

Ey azizlarim, sizlar yangi dunyoni kutar ekansiz, Xudo nazarida benuqson va beg‘ubor bo‘lishga, U bilan totuv yashashga jon kuydiringlar (2 Butrus 3:14).

 

NIMA DEB O‘YLAYSAN, Xudo ushbu so‘zlarni aytganida, Muso nima deb javob qaytargan: “Isroil xalqiga, Egamizga nazr keltiringlar, deb ayt. Menga chin ko‘ngildan nazr qilmoqchi bo‘lgan odamning nazrini qabul qil. Sen ulardan qabul qilib oladigan nazrlar quyidagilardir: oltin, kumush, bronza, shuningdek, ko‘k, safsar va qirmizi rangli iplar, mayin zig‘ir matosi, echki juni, qizilga bo‘yalgan qo‘chqor terisi, yumshoq teri, akas yog‘ochi, moychiroqlar uchun zaytun moyi, muqaddas qiladigan moy uchun ziravorlar, efod va ko‘krakpechga taqiladigan aqiq hamda qimmatbaho toshlar” (Chiqish 25: 2-7)?

Ehtimol, Muso o‘shanda shunday javob qaytargandir:

– Rabbim, bir daqiqa shoshmay tur-chi. Mis topishda muammo bo‘lmaydi, biroq oltin va kumushni qayoqdan olamiz? Bilmadim. Biz, agar Sen banogoh e’tibor qaratmagan bo‘lsang, xuddi quvg‘inda yurgandek yashayapmiz. Qalay va o‘ymakorlik mahsulotini nazr qilsak qanday bo‘larkan?

Balki u shunday javob qilgan bo‘lishi mumkin:

– Bilasanmi, teri topishimiz ham muammo bo‘lib turibdi. Keyingi paytlarda qizil va qirmizi rangl terilar bizda unchalik ko‘p tayyorlanmayapti.

Mabodo Muso shu tariqa javob berganida edi, Xudoning unga batafsil keltirib o‘tganlaridan u sal bo‘lmasa aqldan ozib qolardi: toza oltindan yasalgan Ahd sandig‘i, sandiqni ko‘tarish uchun sof oltindan qoplangan xodalar, sandiqning toza oltindan tayyorlangan qopqog‘i – bularning hammasi sof bo‘lishi lozim edi! Biroq, Muso o‘rtoqlari bilan birgalikda sahroda chodirlarda yashagan edi! Harholda, ularda nega bularning hammasi sof bo‘lishi lozimligini so‘rashlari uchun yuzlab sabablar topilardi.

Ammo Muso aslo bu kabi so‘zlarni gapirmadi. U qarshilik bildirmadi. Nima uchun? Negaki u, Xudo – Muso va xalq emas – qoidalarni o‘rnatishini bilardi. Xudo esa soflik yaxshi ekanligini aytadi. Sen chodir yasaganingda ham, inson uchun ham bu yaxshi.

Bizda (do‘stlarimizda, o‘qituvchilarimizda, sevimli teleqahramonlarda) pokizalikni talab qilish haddan ziyod ekanligi haqida o‘ylashimiz uchun yuzlab sabablar bo‘lishi mumkin. Biroq qoidalarni biz o‘rnatmaymiz. Ularni Xudo o‘rnatadi. Nima yaxshi va nima yomon ekanligini biz hal qilmaymiz. Biz yaxshi yoki yomon harakatlar qilishni, Xudoga itoat qilish kerakmi yoki yo‘qligini tanlashimiz mumkin. Biz “benuqson va beg‘ubor” (2 Butrus 3:14) yashay olishimiz haqida qaror qabul qilishimiz mumkin.

Xo‘sh, sen nimani tanlaysan?

MULOHAZA QILGIN: Nima deb o‘ylaysan, Xudo sendan pokizalikni talab qilganida, haddan ziyod narsalarni xohlaydimi? Nima uchun “ha” va nima uchun “yo‘q”? Sening fikringcha, soflikni saqlashing uchun senga yordam kerakmi? Agar kerak bo‘lsa, bu qanday yordam bo‘lishi kerak? Sen bu yordamni qay tariqa olishing mumkin?

HARAKAT QIL: Do‘sting bilan birga tadqiqot o‘tkaz. Sen oltindan tayyorlangan, ko‘kish, qizg‘ish va qizil yungli, zig‘irdan tayyorlangan, teridan yasalgan, yog‘ochdan qilingan nimanidir, zaytun yog‘ini, xushbo‘y narsalarni, qimmatbaho toshlarni topishga harakat qilgin. Bulardan birortasini topganingda, eslab ko‘r: Xudo chodir qurishga yaroqli narsalarni qanday tanlagan bo‘lsa, qaysi xulq-atvor ma’qul (to‘g‘ri), qaysisi esa nomaqbul (noto‘g‘ri) ekanligini Uning O‘zi hal qilgan.

IBODAT: “Rabbim, nima to‘g‘riligini faqat Sen hal qilasan. Nimaniki qilsam, barchasini Sening qoidalaring asosida qabul qilishim va bajarishim uchun yordam ber”.

 

 

19 AVGUST. QARG‘A VA KANARYEYKA

Kalomdan o‘qish: Efesliklar 5: 1-4

Og‘zingizdan hech qanday yaramas so‘z chiqmasin. lekin tinglovchilarning ehtiyojiga ko‘ra, kerakli gaplarni aytib, ularga dalda bering, shunda so‘zlaringiz ularga foyda keltiradi (Efesliklar 4:29).

 

O‘tgan zamonlarda bitta daraxtda qarg‘a va kanareyka birgalikda yashashgan ekan. Daraxtning yonginasida bir eski uy joylashgan bo‘lib, bu uyda bir aka-singil onalari bilan hayot kechirishardi.

Kunlardan birida qarg‘a kanareykaga shunday debdi:

– Men uchib anavi ochiq derazaga qo‘naman, - deb u tumshug‘i bilan uy tomonga ishora qilibdi. – Odamlar meni ko‘rishganida bir bo‘lak non berishadi va men bugun qornimni to‘qlab uxlayman.

Kanareyka qarg‘aning uy derazasiga qanday uchib borganini kuzatib turardi. Qarg‘a bo‘ynini cho‘zib, qag‘illay boshlabdi (barcha qarg‘alar qilgani kabi). U yurakni ezadigan tarzda qag‘illayveribdi. Nihoyat uy bekasi unga e’tibor qaratibdi: deraza oldiga kelib, qarg‘aga shippakni ko‘tarib otibdi.

Ta’zirini yegan qarg‘a daraxtga zo‘rg‘a kelib qo‘nganida, kanareyka shunchalik kulibdiki, butoqdan ag‘darilib ketishiga oz qolibdi.

– Ko‘ramiz, sen buni uddalay olarmikansan, - deya g‘o‘ldirabdi qarg‘a kanareykaning ohangdor kulgisiga javoban. – Hech bo‘lmaganda ham, unda yana bir dona shippak qolgan.

Kanareyka hech nima demasdan derazaga uchib boribdi. U qanotlarini yig‘ishtirib, yoqimli qo‘shiq kuylay boshlabdi. Qarg‘a o‘sha ayolning o‘zi kanareykaga o‘z qo‘llari bilan non ushoqlarini berayotganini hayron bo‘lib kuzatibdi.

Kanareyka qornini to‘qlab, uni hurpaygan qarg‘a kutib turgan daraxtga qaytib uchib kelibdi.

– U seni to‘yg‘azdi, –  debdi qarg‘a, –  negaki sen chiroylisan, men esa yo‘q.

– Sen haq emassan, –  javob qaytaribdi kanareyka.

– Nega bo‘lmasa u menga shippak ko‘tarib tashlandi?

Kanareyka ko‘zlarini yumgan holda javob qaytaribdi:

– Negaki men uning uchun kuyladim. Sen esa faqat qag‘illading.

Ko‘rayapsanmi, bundagi farq ularning qaysi tilda gaplashganlarida. Albatta, qarg‘a kanareyka kabi sayrolmaydi. Kanareyka uchun esa kuylashni o‘rganishiga hojat yo‘q. Biroq biz ham sen bilan birga qarg‘aga ham, kanareykaga ham o‘xshashimiz mumkin. Biz iflos gaplarni ham, yoqimli so‘zlarni ham aytishimiz mumkin. Biz so‘kinishimiz yoki aytayotgan gapimizda toza bo‘lishimiz ham mumkin.

Albatta, Xudo bizni pokiza bo‘lishimizni amr etgan. Xudo bizga aniq tushuncha berganki, “orangizda beadablik, nojo‘ya so‘zlaru qo‘pol hazillar ham bo‘lmasin, chunki bunday qiliqlar sizga to‘g‘ri kelmaydi. Yaxshisi, Xudoga shukur qilinglar” (Efesliklar 5:4). Boshqacha qilib aytganda, Xudo bizga shunday deb buyuradi: “Qarg‘a emas, kanareyka bo‘lgin”.

MULOHAZA QILGIN: Sen ko‘proq kimga o‘xshaysan – qarg‘agami yoki kanareykagami (faqat to‘g‘risini ayt)? Quyida qayd etilganlardan qaysi biri sen uchun muammo ekanligini qayd et (bunda ham to‘g‘riso‘z bo‘l!):

·   o‘ylamasdan aytilgan gap

·   bema’ni nutqlar

·   haqorat

·   yoqimsiz o‘tmish

·   qo‘pol (iflos) hazillar

·   nafratomuz so‘zlar

IBODAT: “Qadrli Xudoyim, Sen menga pokiza bo‘lishimni, shuningdek, gapirayotgan so‘zlarimda ham pok bo‘lishimni amr etganingni bilaman. Iltimos qilaman, Sening Amrlaringni bajarishim uchun yordam ber”.  

 

 

20 AVGUST. ASLIDA NIMA MUHIM?

Kalomdan o‘qish: Filippiliklar 1:9-11

...chunki men sizlarning a’lo narsalarni tanlashingizni, Masih keladigan kunda pok va aybsiz bo‘lishingizni istayman (Filippiliklar 1:10).

 

Sen jamoat fikrini so‘rash nima ekanligini bilasan? Kimdir eshigingizni taqillatib shunday deydi: “Biz mamlakatimizda ovqatlanish tartibi haqida so‘rov o‘tkazyapmiz, shu masalada sizga bir qancha savollar bermoqchimiz”. Keyin esa senga shu kabi savollar berishadi: “Qaysi taomni yoqtirasiz?” va “Siz qachondir namchil qurbaqani tatib ko‘rganmisiz?”

Keling, biz ham so‘rov o‘tkazaylik. Shunchaki quyidagi savollarga imkon qadar batafsil javob qaytar (javoblarni bu yerda yozib qo‘y):

 

Qaysi teledasturlarni muntazam ko‘rib borasan?

_____________________________________________________________________

_____________________________________________________________________

 

Qaysi xonandalarni yoki guruhlarni doimo eshitib borasan?

_____________________________________________________________________

_____________________________________________________________________

 

Qaysi jurnallarni muntazam o‘qiysan?

_____________________________________________________________________

_____________________________________________________________________

 

Mana, teledasturlar, qo‘shiqchilar va jurnallar haqida o‘ylab ko‘rishing uchun senga bir necha daqiqa muhlat. Bulardan qaysi biri senga tozalikni saqlashingga yordam beradi? Bulardan qaysi biri seni nopok fikrlarga, gaplarga yoki harakatlarga undaydi?

Bu muhim masala, negaki Xudo, O‘z amrlariga ko‘ra, poklikni qadrlaydi. Agar biz musaffolikni qadrlasak, nopok narsalarni ko‘rmaymiz, o‘qimaymiz yoki tinglamaymiz. Aslidv biror serialni oxirigacha ko‘rishing muhim emas; sening fikrlaring, so‘zlaring va harakatlaring pok bo‘lib qolishi muhim.

 

MULOHAZA QILGIN: Pavlus Filippiliklarga maktubning 1-bob, 10-oyatida o‘z istaklari haqida yozadi: “Chunki men sizlarning a’lo narsalarni tanlashingizni, Masih keladigan kunda pok va aybsiz bo‘lishingizni istayman”. Nima deb o‘ylaysan, chindan ham muhim narsa nima? Agar bunga ishonching komil bo‘lmasa, Filippiliklarga maktubning 1-bob, 9-11-oyatlarini o‘qib ko‘r. Sen pokizalikni qadrlaysanmi? Nima uchun “ha” va nima uchun “yo‘q”? Sen uchun aslida nima muhim?

HARAKAT QIL: O‘zingdagi teledasturlar, qo‘shiqchilar va jurnallar ro‘yxatiga yana bir bora qarab chiq. Seni nopok fikrlarga, so‘zlarga va harakatlarga undaydigan hamma narsani undan chiqarib tashla hamda vaqtni o‘tkazishning yaxshi yo‘llarini izla.

IBODAT: “Rabbim, Sen poklikni asrashni buyurganingni bilaman, negaki pokizalikni qadrlaysan. Tozalik men uchun muhim ekanligi ko‘rinib turadigan harakatlar qilishim uchun menga yordam ber”.

 

 

21 AVGUST. TIRIK MURDA

Kalomdan o‘qish: Ishayo 6: 1-7

Muqaddasdir, muqaddasdir, Muqaddasdir Sarvari Olam! Uning ulug‘vorligi Butun olamni to‘ldirgan! (Ishayo 6:3).

 

FARAZ QILAYLIK, sen futbolchisan va murabbiy ertaga shaharning barcha yaxshi o‘yinchilari yig‘iladigan tadbirda ishtirok etishing uchun taklif etilganingni aytadi.

Sen ertasi kuni kalta shim, futbolka, paypoq va butsini kiyasan. Ko‘pgina qiyin  o‘yinlardan so‘ng ularda dog‘ va qon izlari bor, biroq sen bu eskirgan va kir  kiyimlarni g‘urur bilan kiyib yurasan.

Sen murabbiying aytganidek, o‘yingohga yetib kelasan, biroq maydonda hech kim yo‘q. So‘ngra esa maydon yaqinidagi binoda chiroq yonib turganini ko‘rasan. Sen eshikni ochib ichkariga kirasan.

Ichkarida esa jamoadosh o‘rtoqlaringni va raqib o‘yinchilarini oqshomgi toza kiyimlarda ko‘rib, hayron qolasan. Shunda murabbiyning so‘zlarini noto‘g‘ri tushunganingni anglab olasan: bu yerda o‘yin emas, balki ziyofat bo‘ladi. Endi o‘z kiyimingga avvalgidek mag‘rurlik bilan yondashmaysan; boshqalarniki bilan taqqoslaganda, kiyimlaring iflos va g‘ijim. Maydonda o‘z-o‘zingga iflos bo‘lib tuyulmaganding, endi esa shunday bo‘lib tuyulmoqda.

Xo‘sh, endi bu tuyg‘uni milliard darajada kuchaytirgin – sen Ishayo payg‘ambar Quddusdagi ma’badda Xudoning vahiysini ko‘rganida nimani his qilganini tushunasan. Ishayo Xudoni taxtda shohona kiyimlarda o‘tirganini ko‘rdi. U bir-birlariga jo‘r bo‘lib uchayotgan farishtalarni ko‘rdi. U ma’badning silkinib tutunga to‘layotganini ko‘rdi.

Ishayo nima qildi? Kulib Xudoga qo‘l siltadimi? Yo‘q.

Ishayo to‘satdan, Xudo bilan taqqoslaganda, o‘zining qanchalik iflos ekanligini angladi. U Xudoni butun pokligi va muqaddasligi bilan ko‘rib shunday dedi: “Men ado bo‘ldim! Men bunga chiday olmayman! Men – iflos, gunohkor odamman va pok, muqaddas Shoh, Xudoning qarshisida turibman!”

Albatta, voqea shu bilan yakunlanib qolmaydi, lekin buning mohiyati mana nimada: Ishayo Xudoni ko‘rgan zahotiyoq nopokligini angladi. Nega? Negaki Xudo pokiza. U mutlaqo pok. Unda hech qanday nopoklik yo‘q.

Mana nima uchun Xudo tozalikni qadrlaydi va bizga pok bo‘lishimizni amr etadi. Mana nima uchun tozalik yaxshi – negaki Xudo pokizadir.

MULOHAZA QILGIN: Ishayo Xudoning qanchalik pok ekanligini ko‘rish uchun ma’badga kirdi; biz bu haqda Xudoning Kalomini o‘qib bilishimiz mumkin. Xudo nima uchun bizlarga pok bo‘lishimizni amr etgan? Xudo nima uchun pokizalikni qadrlaydi? Pokizalik nima uchun yaxshi? Farishta Ishayoni poklash uchun nima qildi? Nima deb o‘ylaysan, Xudo seni poklay oladimi? Agar shunday bo‘lsa, qanday qilib?

IBODAT: “Rabbim, Sen pok ekanligingni, o‘zimni esa pokiza emasligimni bilaman. Biroq barcha gunohlarimni kechirib, Senga har kuni itoat qilishimga yordam bergan holda meni poklashingni bilaman. O‘tinaman, fikrlarimda, aytgan gaplarimda va qilayotgan barcha ishlarimda pok bo‘lib qolishimga yordam ber”.

 

 

22 AVGUST. POKLIKKA SADOQAT

Kalomdan o‘qish: Zabur 118:9-16

Buyruqlaring haqida chuqur fikr yuritaman, Sening yo‘llaringga diqqat qilaman, Farmonlaringdan lazzat olaman, Kalomingni men unutmasman (Zabur 118:15-16).

 

ODAMLAR NIMA UCHUN va’da berishadi? Nima uchun ular o‘z xohishlarini bajarishmaydi, shuningdek, o‘z istaklariga zid harakatlarga jazm etisholmaydi. Nima uchun ular shartnomalarga, kelishuvlarga imzo qo‘yishadi, va’da berib javobgarlikni o‘z zimmalariga olishadi? Oy avvalida (3 avgustda) biz va’da muayyan kuchga ega ekanligi haqida aytib o‘tgandik. Bugun esa va’da – nimanidir avvaldan bajarish (yoki bajarmaslik) uchun qilingan qaror va boshqa odamlarga berilgan va’da – senga bu qarorda turishing uchun – yordam berishi haqida so‘z yuritamiz.

Misol uchun, sen masihiy sifatida fikrlaring, gaplaring va ishlaring pokligini saqlashni istaysan. Ammo agarda bir-ikkita do‘sting seni o‘zlari bilan birga chekib olishga chaqirishsa nima bo‘ladi? Mabodo seni sinfda uddaburon va mashhur qiladigan iflos hazillarni eslab qolsang qanday bo‘ladi? Agar do‘sting seni nopok lavhalari bo‘lgan filmni tomosha qilishga chaqirsa, nima bo‘ladi?

Mabodo sen o‘zingga poklikni asrash uchun va’da bergan bo‘lsang, bunday vaziyatlarda to‘g‘ri qarorga kelishing anchayin oson bo‘ladi. Misol uchun, agar sen o‘z oilangga va Xudoga yomon so‘zlarni aytmaslikka va’da bergan bo‘lsang, vasvasani yengishing oson kechadi. Sen bu masalada bir qarorga kelganingni yodga olasan. Bir tanlovga kelish vaziyati yuzaga kelganida, avvaldan qilgan qaroring senga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatadi. Va baribir, senga ham barchamizga bo‘lgani kabi yordam zarur bo‘ladi.

MULOHAZA QILGIN: Zaburchi Muqaddas Kitobdan bugun o‘qiladigan oyatlarda nimani va’da qiladi? Bunday va’da poklikni saqlashing uchun yordam beradimi? Zabur kitobining 118-bob, 9-oyatida nimalar deyilgani haqida mulohaza qilgin: “Yigit qanday qilib yo‘llarini pok saqlaydi? Kaloming bo‘yicha yashab, shunga erishadi”.

HARAKAT QIL: Xudoga va qarindoshlaringgga fikrda, so‘zda va ishda pok bo‘lishing uchun va’da ber.  va’dalaringni qog‘ozga yozib ota-onangga, do‘stlaringga yoki qavmboshingga ko‘rsatgin. (Sen biror-bir aniq va’dalarni o‘zingdan ham qo‘shishing mumkin):

·   Men hech qanday bema’ni, iflos va haqoratomuz gaplar aytmayman.

·   Men (sigaret, giyoh va h.k.z.) chekmayman va mabodo kimdir buni taklif etsa, rad qilaman.

·   Mabodo kimdir menga spirtli ichimliklar (vino, pivo va h.k.z.)  taklif etsa, ularni rad qilaman.

·   Men giyohvand moddalarni iste’mol qilishning har qanday usulini va mabodo kimdir taklif etsa  rad etaman.

·   Men iflos jinsiy aloqalar tasvirlangan film, jurnal va kitoblarni sotib olmayman hamda tomosha qilmayman.

Men bunga bugun va’da beraman, ..................... (sana).

Imzo: ......................

IBODAT: “Qadrli Xudoyim, men Sening Amrlaringga sodiq bo‘lmoqchiman. Men Senga va’da beraman”.

 

 

23 AVGUST. LISTERNING SABOG‘I

Kalomdan o‘qish: Zabur 23:3-6

Kim turishi mumkin Egamizning muqaddas makonida? Kim chiqishi mumkin Uning tepaligiga? Qo‘li halol, qalbi toza insonlar, Soxta narsalarga ko‘ngil qo‘ymaganlar, Yolg‘ondakam ont ichmaganlar (Zabur 23:2-4).

 

JOZYEF LISTERGACHA agar biror insonni operatsiya – har qanday operatsiya – qilgan bo‘lsalar va u hattoki muvaffaqiyatli chiqqan taqdirda ham, o‘sha inson ellik foiz holatlarda hayotdan ko‘z yumardi.

Ingliz jarrohi Lister bemorlar bilan operatsiyadan so‘ng nimalar bo‘lishini tadqiq qildi. O‘sha davrlarda (1860 yillar atrofida) tabiblar iflos joylarda operatsiya qilishardi. Bemorlar yotgan operatsiya stolini, qonni to‘xtatish uchun bintlar va choyshablarni butunlay toza deb bo‘lmasdi. Ba’zan tabiblar o‘sha bir xil iflos asboblar bilan bir qancha bemorlarni operatsiya qilishardi.

Lister hammasini o‘zgartirdi. U operatsiya xonasi toza bo‘lishini, asboblarni esa har doimo foydalanganlaridan so‘ng tozalash kerakligini qat’iy talab qildi. U asboblarni, jarohat va kiyimlarni tozalashda karbola kislotasidan foydalana boshladi.

Lister tozalikning qanchalik muhim ekanligini payqadi. Ko‘rayapsanmi, agar gigiyena qoidalariga amal qilinmasa, bemor organizmiga infeksiya yuqib, buning oqibatida u hayotdan ko‘z yumishi mumkin. Ammo Lister operatsiya xonasi va asboblar tozalikda saqlansa, operatsiyadan so‘ng o‘ladigan odamlarning soni qisqarishini tushundi. Haqiqatdan ham uning kasalxonasida 85 foiz mijozlar tirik qolishgandi.

Lister aniqlagan operatsiyaga taalluqli tozalik boshqa masalalarga ham to‘g‘ri keladi. Agar ifloslik (mikrobga o‘xshab) sening vujudingga kirib olsa, kasallanishing mumkin; bu hattoki seni o‘ldirishi mumkin. Nopoklik sening ruhing va qalbingga kirib olganida ham shunday bo‘ladi. Mana nima uchun Xudo sening pok bo‘lishingni xohlaydi. U tozalik seni aybdorlik va uyat hissini qo‘zg‘aydigan noxushliklardan asrashini biladi. U poklik seni ko‘plab qayg‘ulardan asrashini biladi.

Tozalik seni nafaqat yovuzlikdan himoya qiladi, u shuningdek foydali ham. Zaburchi uqtiradiki, odamlar pokiza bo‘lishsa, “Egamiz ularga baraka beradi, Najotkor Xudo ularni oqlaydi. Egamizga yuz burgan jamoa o‘shandaydir. Ha, Xudoga intilgan Yoqub nasli shundaydir” (Zabur 23:5-6). Poklik bizga Xudoning halovatini beradi va agar hayoting nopok bo‘lganida bera olmaydigan marhamatni senga yo‘llaydi.

Operatsiya stoli va asboblarining tozaligi Jozef Listerning bemorlarini sog‘lom etganidek, toza qalb va pokiza hayot seni sog‘lomroq va baxtliroq qiladi.

MULOHAZA QILGIN: Nima uchun qalbda va hayotda tozalikni saqlash bunchalik muhim? Sening qalbing pokmi? Agar toza bo‘lmasa, sen buni qanday o‘zgartirishing mumkin? Agar shunday bo‘lsa, nima deb o‘ylaysan, Xudo undagi pokizalikni saqlashda senga yordam beradimi?

HARAKAT QIL: Ushbu haftada har safar qo‘lingni yuvganingda, toza qo‘llar - toza qalblarga ega bo‘lish qanchalik muhimligini yodingda tui.

IBODAT: “Rabbim, tozalik meni himoya qilishini va menga ko‘plab yaxshiliklar keltirishini bilaman. Sening sevuvchi himoyangni va g‘amxo‘rligingni tozalikka amal qilgan holda his qilishim uchun yordam ber”.

 

 

24 AVGUST. HIDLANGAN BALIQ VA SEN

Kalomdan o‘qish: Titus 1:15-16

Qalbi pok odamlar uchun hamma narsa haloldir. Buzuq va imonsizlarning nazarida esa hamma narsa haromdir. Bundaylarning aqli ham, vijdoni ham bulg‘angan (Titus 1:15).

 

TAXMIN QILAYLIK, sening muzlatgichingda ko‘p oylardan buyon katta bir sasigan baliq yotibdi.

Sen muzlatgichni ochasan, undan paketli sutni chiqarib, qo‘lansa hid butun uyga tarqalmasligi uchun shu zahotiyoq eshigini yopasan. Sen sutni myusliga quyib aralashtirasan va tatib ko‘rasan.

– Tuf! – deysan sen tupurgancha. – Xuddi sasigan baliqning mazasiga o‘xshaydi!

Demak, sen endi nonushta qilishdan bosh tortasan. Tushlik vaqtida esa chindan ham juda ochqagan bo‘lasan. Sen muzlatgichning oldiga borib, undan tezda biroz vetchinani tushlik uchun chiqarasan. Vetchinani non bo‘lagi ustiga qo‘yib og‘zingga olib borasan. Biroq tish botirishdan avval buterbrodingni hidlab ko‘rasan.

– Fuu! – deysan sen. – Sasigan baliqning hidi kelyapti!

Endi sen tushlikdan ham voz kechasan. Oqshom paytida ochlikdan o‘lay deb turibsan. Muzlatgichni ochib, undan uch kun burun sotib olgan pitssaning qoldig‘ini chiqarasan, uni mikroto‘lqinli pechga qo‘yib oltmish soniya qizitasan. Pitssani chiqarish uchun mikroto‘lqinli pechni ochasan.

– O‘ta jirkanch bu! – deysan sen. – Endi mikroto‘lqinli pechdan ham aynigan baliqning hidi kelyapti!

Sen ota-onangga keskin talab qo‘yishga qat’iy qaror qilib, oshxonadan ketasan: ular yoki sasigan baliqni yo‘q qilishadi yoki sen dengiz piyoda qo‘shinlariga xizmatga ketasan – u yoqda seni harqalay ovqatlantirishadi!

Ammo shoshma-chi! Muammo nimada o‘zi? Nima uchun birgina baliq atrofdagi hamma narsani buzmoqda? Xo‘sh, agar sening muzlatgichingda qachonlardir sasigan baliq yotgan bo‘lsa, sen bunday savolni bermagan bo‘larding. Birgina sasigan baliq (yoki aynigan tuxum deylik)  muzlatgichdagi hamma narsani buzishi uchun yetarli.

Senga ham xuddi shu narsa taalluqli. Yo‘q, sendan sasigan baliqning hidi kelmayapti, biroq qalbing nopok bo‘lsa, bu fikrlaringga, gaplaringga va qilayotgan ishingga ta’sir qiladi. Nopok qalbing do‘stlaringdan shubhalanishga undaydi. Iflos xayollaring hamma narsani qayg‘uli ranglarda ko‘rishga majburlaydi. Sening buzuq tasavvuring yaxshi, sog‘lom narsalarni barbod qiladi va ular sasigan baliqdek ta’sir qila boshlaydi.

Boshqa tomondan olganda, agar sen qalban pokiza bo‘lsang, hayotdan zavq olasan, negaki sen unga nopok odam singari qaramaysan. Sen hech kimdan shubhalanmaysan. Sen qayoqqa qaramagin, hech qayoqda ifloslikni ko‘rmaysan. Sen yaxshi, sog‘lom narsalardan lazzatlanishing mumkin va ular xuddi sen kabi ajoyib va pokiza bo‘lishadi.

MULOHAZA QILGIN: Sen o‘zi uchun “hammasi toza” bo‘lgan odamni bilasanmi? “Hech qanday poklik yo‘q” deydigan odamni-chi? Sen ko‘proq kimga o‘xshaysan?

IBODAT: Sening hayotingda qandaydir nopoklik mavjudmi? Agar shunday bo‘lsa, Xudoning oldida bunga iqror bo‘l, Undan kechirim so‘ra va Uning yordami bilan pokizalikni tiklashga urin.

 

 

25 AVGUST. YURAKDAGI MUAMMO

Kalomdan o‘qish: Zabur: 50:12-14

Ey Xudo, menda toza yurak yaratgin, Sodiq qalbni menga yana bir bor bergin (Zabur 50: 12).

 

TEMIR O‘TINCHI uzoq yillardan buyon Ellini, Totoshkani, qo‘rqoq Sherni va Mahluqni ko‘rmagandi. U ular bilan nimalar yuz berayotganini bilmasdi. Ammo o‘ziga nima bo‘lganini bilardi. Sirli Zumrad shaharga qilgan sayohatidan so‘ng, u yurakka ega bo‘lgandi. Lekin u tashvishga tushgandi. Uning yuragi qandaydir boshqacha ishlardi.

– Uning nimasidir noto‘g‘ri, – dedi u temir xonadagi temir stolda yotganida shifokorga qarab. – U kerak bo‘lganidek ishlamayapti. U o‘zini noto‘g‘ri tutyapti. – Temir O‘tinchi yelkasini qisdi. Uning yelkalari va tirsaklari g‘ijirladi. – Ba’zan do‘stlarim bilan gaplashayotganimda bexos yomon gaplarni aytib yuboraman. Ba’zan televizor ko‘rib o‘tirganimda, kimdir yomon so‘zlar aytib, yomon ishlar qilayotganini ko‘rganimda, kulgidan o‘zimni to‘xtatolmayman! – U go‘yo kimdir uni eshitib qolishlaridan cho‘chigandek atrofiga qarab qo‘ydi. – Gohida esa, – shivirladi u, – bundan ham battar bo‘ladi...

– Hammasi tushunarli, – javob qaytardi shifokor. – Bu haqiqatdan ham yurakka tegishli muammo. Lekin men sizga yordam berolmayman.

– Yordam berolmaysizmi? – Temir O‘tinchining ta’bi xira bo‘ldi.

Shifokor boshini qimirlatdi.

– Bilasizmi, bunday kasallikka davo yo‘q. Buning yagona iloji – yurakni almashtirish.

– Almashtirish?

Shifokor bosh irg‘adi:

– Sizga yangi yurak kerak. Toza yurak. Biroq xavotirim shundaki, uni faqat birgina joydan topish mumkin.

Shifokor haq edi. Temir O‘tinchining muammosini hal qilishning yagona yo‘li – unga yangi, toza yurakni o‘rnatish. Eskini tuzatishning iloji yo‘q. Yurakni ko‘chirib o‘tkazish kerak, bu borada esa faqat Xudo yordam berishi mumkin.

Shoh Dovudda ham shunday muammo bo‘lgan. Uning yuragida muammo bo‘lgan. Shu bois u tiz cho‘kib, Xudodan yuragini yangilashini so‘ragan. Dovud Xudo oldida o‘zining dahshatli gunohlari uchun tavba qilgan. U gunohkor ekanligini va Xudoga muhtoj ekanligini tan olgan. U Xudodan kechirim so‘ragan. Keyin Dovud shunday degan: “Ey Xudo, menda toza yurak yaratgin, Sodiq qalbni menga yana bir bora bergin” (Zabur 50:12).

Ehtimol, sen ham o‘zingni o‘ylab topilgan Temir O‘tinchi va haqiqiy shoh Dovud kabi his qilgandirsan. Balki sening yuraging lozim bo‘lganidek ishlamayotgandir. Sen shoh Dovud kabi nopok qalbingdan xalos bo‘lishing mumkin: gunohlaringga tavba qilib, nohaq ekanligingni tan olishing kerak. Sen Xudoga muhtoj ekanligingni tan olib, Undan kechirim so‘rashing mumkin. Sen Xudoga o‘z xohish-istaklaringdan voz kechib, Unga itoat etishga tayyor ekanligingni aytishing mumkin. Agar sen shunday qilsang va U har kuni sening yuragingni toza saqlashiga ishonishda davom etsang, Xudo bu haqda g‘amxo‘rlik ko‘rsatadi – bir lahzaning o‘zidayoq!

MULOHAZA QILGIN: Sen qachondir “yurakni ko‘chirish” haqida ibodat qilganmisan? Agar shunday qilmagan bo‘lsang, nima uchun buni hoziroq amalga oshirish mumkin emas? Agar shu tariqa ibodat qilgan bo‘lsang, Xudo seni kechirib, yangi qalb ato etdimi? Sen pokizalikni qanday qilib asrashing mumkin?

IBODAT: “Rabbim, menga toza qalb ato et va botinimdagi ezgulik ruhini yangilagin”.

 

 

26 AVGUST. “NAJOT” OPERASIYASI

Kalomdan o‘qish: Galatiyaliklar 3: 10-14

Shunday ekan, ko‘rinib turibdiki, qonunga amal qilish bilan hech kim o‘zini Xudo oldida oqlay olmaydi, zotan, solih inson imon tufayli hayotga ega bo‘ladi (Galatiyaliklar 3:11).

 

SEN OPERASIYA STOLI USTIDA YOTIBSAN. Senga yurak ko‘chirib o‘tkazishmoqchi. Atrofda shifokor va hamshiralar turishibdi. Qandaydir asboblar yonib o‘chadi va guvillaydi. Kimdir jundor qo‘llari bilan burningga niqobni tutmoqchi bo‘ladi, sen ohista pishillashni eshitasan.

Sen niqobni burningdan nari qilasan va jundor qo‘l uni senga taqishiga izn bermaysan.

– Shoshmang! – deysan sen. – Nima qilyapsiz?

Shifokor va hamshiralar senga hayron bo‘lib qarashadi.

– Nima, meni uxlatmoqchi bo‘lyapsizlarmi? – ayblovchi ohangda so‘raysan sen.

– Ha albatta, – javob qaytaradi bosh shifokor. – Bu odatda shunday qilinadi. Men sizni operatsiya qilib bo‘lgunimcha, uyquda bo‘lishingiz kerak.

– Siz meni operatsiya qilasizmi? – sen hayratga tushasan. – Aslo! Men buni o‘zim qilaman.

– Siz-a? – shifokor taajjub bilan savolini takrorlaydi.

– Albatta, – deysan sen. – Yana kim bo‘lishi mumkin?

U yelkangga qo‘lini ohista qo‘yadi:

– Bilasizmi, bu yerda shifokor menman. Siz esa mijozsiz. Siz hattoki yangi yurakka ega bo‘lishni juda xohlaganingizda ham, buni o‘zingiz uddalay olmaysiz. Menga ishonishingizga to‘g‘ri keladi. Siz menga ishonishingiz kerak.

Sen yengil tin olasan:

– Xayriyat. Men esa barcha qon tomirlarimni tezda o‘z joyiga qo‘ya olmasligimdan cho‘chib turgandim.

Albatta, axir sen hech qachon o‘zingga yurakni ko‘chirib o‘tkazishga urinib ko‘rmagan bo‘larding, to‘g‘rimi? Ammo ko‘pchiligimiz shu kabi xatoliklar sodir etamiz. Biz yaxshi ishlar qilib, to‘g‘ri yo‘l tutganimizda masihiylarga aylanib, jannatga tushamiz, deya o‘ylaymiz. Biroq jannatga tushish amalda bunday bo‘lmaydi.

Jannatga tushishning yagona yo‘li – Iso Masihga ishonish va Undan gunohlarimiz uchun kechirim so‘rash. Biz shunday qilganimizda, Muqaddas Ruh qalbimizga o‘rnashadi. Keyin esa U to‘g‘ri qaror qabul qilishimizga yordam beradi. Yoki, xuddi shifokor aytganidek, biz Isodan “yurakni operatsiya qilish”ini so‘raganimizda, o‘zimizni Uning g‘amxo‘rligiga topshiramiz, endi Unga ishonch bildirishimiz qoladi, xolos. Operatsiya shu tariqa amalga oshiriladi.

MULOHAZA QILGIN: Sen Xudo amrlariga shunchaki itoat etib, hech qachon Uning oldida pok bo‘lolmaysan; sen bunga faqatgina Iso Masihga imon keltiribgina erishmog‘ing mumkin. Bu endi to‘g‘ri qaror qabul qilish haqida o‘ylashga hojat qolmaganini bildiradimi? Nima uchun “ha” va nima uchun “yo‘q”? Seni to‘g‘ri qaror masihiyga aylantiradimi? Sening masihiy ekanliging to‘g‘ri qaror qabul qilishingga yordam beradimi? Buning qanday farqi bor?

HARAKAT QIL: Imonni xuddi samoga qadar bo‘y cho‘zgan apelsin daraxti deya tasavvur qil. Undagi har bir apelsin – sen qabul qiladigan to‘g‘ri qaror. Apelsinlar sen uchun samoga yo‘l ochmaydi; sen faqat daraxt orqali unga ko‘tarilishing mumkin. Ammo daraxt ham hosil bergani kabi imoning ham senga to‘g‘ri qarorlar qabul qilishingga yordam beradi.

IBODAT: Agar sen hech qachon Isodan hayotingga kirib kelishini so‘ramagan bo‘lsang, buni hoziroq amalga oshir. Shunday ibodat qil: “Rabbim Ota, men gunohkor ekanligimni tan olaman. Sen mening gunohlarimga tovon to‘lashi uchun Isoni yubording. Men Uni o‘z hayotimga taklif etaman. Men Muqaddas Ruhning in’omini qabul qilaman. Menga abadiy hayot ato etganing uchun sendan minnatdorman, Rabbim”.

 

 

27 AVGUST. IBODATNING KUCHI

Kalomdan o‘qish: 2 Salonikaliklar 1:3-12

Shunday ekan, Xudoyimiz sizni O‘z chaqirig‘iga loyiq deb topsin, O‘z qudrati bilan sizlarning barcha yaxshi niyatlaringizni ro‘yobga chiqarsin, imon bilan qilgan ishlaringizni amalga oshirsin, deb biz doim sizlar uchun ibodat qilamiz. Rabbimiz Isoning nomi orangizda ulug‘lansin (2 Salonikaliklar 1:11-12).

 

SEN HECH QACHON ibodatsiz to‘g‘ri qaror qabul qilolmaysan. Muntazam ibodatsiz. Haqiqiy ibodatsiz.

Shoshma-chi! Vahimaga tushma. Balki bu senga juda qiyin ishdek tuyulayotgandir. Ibodat  horitadigan va zerikarlidek bo‘lib tuyuladi. Balki bolaligingda yoki katta yoshlilar Xudo haqida eskicha qo‘pol so‘zlarni aytganlarida shunday tasavvur hosil qilgandirsan.

Yengil tin olaver. Ibodat – bu Xudo bilan fikrlaring, his-tuyg‘ularing va ehtiyojlaring haqida shunchaki bir suhbat. Xudo zamonaviy tilni juda yaxshi tushunadi (hatto sen aka-ukang yoki opa-singling bilan bilan gaplashadigan o‘sha g‘alati lahjani ham). Sen ibodat qilganingda Xudo seni eshitishiga to‘la ishonch hosil qilishing mumkin. Xudo sening Unga ibodat qilishingni sabrsizlik bilan kutmoqda. Sen – Uning farzandisan va U sen bilan birgalikda o‘tkaziladigan har bir daqiqani qadrlaydi.

Xo‘sh. Ibodat nima uchun bunchalik muhim?

1.       Ibodat senga Xudo haqida o‘ylashingga yordam beradi. Ibodat Xudoni yaxshiroq bilishingga yordam beradi. Zaburchi shunday deb yozgan: “Qudratli Egamizga yuz buring! Uning huzurida bo‘lishga intiling” (Zabur 104:4). Sen ibodat qilganingda televizor va pleyerdan diqqatingni uzib, e’tiboringni Xudoga qaratasan.

2.       Ibodat – bu Xudo bilan yaqinlikdir. Ibodat qilganingda, Xudo bilan yaqinlik nima ekanligini anglab yetasan. Muqaddas Kitobda bayon etilganki, Muso Muqaddas chodirga kirganida, “birortasi do‘sti bilan gaplashganday, Egamiz ham Muso bilan yuzma-yuz gaplashardi” (Chiqish 33:11). Mana ibodat vaqtida nimalar yuz beradi. Sen Xudoning do‘stiga aylanasan. U nimaiki bo‘lmasin hamisha seni sevadigan eng yaqin do‘stingga aylanadi.

3.       Ibodat to‘g‘ri qaror qabul qilishga yordam beradi. Agar sen yolg‘on gapirishdan voz kechmoqchi bo‘lsang, ibodat qil; ibodat istaklaring ro‘yobga chiqishi uchun senga ilohiy kuch ato etadi. Agar sen aka-ukangni ko‘proq sevmoqchi bo‘lsang, ibodat qil: Xudoning qudrati sening ezgu-niyatlaringni mustahkamlaydi. Agar yanada sabrli, yanada shafqatli bo‘lishing yoki o‘zingni ko‘proq nazorat qilishing lozim bo‘lsa, ibodat qil: Xudoning qudrati senga kuch bag‘ishlaydi.

Biz ibodat qilganimizda, Xudo harakat qiladi! Xullas, ibodat qil. O‘zing uchun ibodat qil. Oilang uchun ibodat qil. Do‘stlaring uchun ibodat qil. Va ana shunda Xudo qanday harakat qilayotganini kuzatgin.

MULOHAZA QILGIN: Sen tez-tez ibodat qilasanmi (ovqatlanish oldidagi ibodatni hisoblamagan holda)? Sening fikringcha, tez-tez qanday ibodat qilib turish kerak? Qaysi paytda ibodat qilishni afzal ko‘rasan? (Ertalabmi? Maktabdan keyinmi? Uyqu oldidanmi?) Har kuni ibodat qilish uchun qancha vaqt ajratasan? ( Besh daqiqami? O‘n daqiqami? O‘n beshmi? Bundan ham ko‘pmi?) Biror kishiga endi qancha vaqt ibodat qilishing haqida so‘zlab ber.

IBODAT: O‘zing tez-tez qiladigan to‘rt yoki beshta to‘g‘ri qarorlar ro‘yxatini tuzib chiq (misol uchun, o‘zini to‘g‘ri boshqarish, mehr-shafqat ko‘rsatish, sadoqatli bo‘lish, adolatli bo‘lish va h.k.z.). Ushbu bandlardan hech bo‘lmaganda bittasi senda rivojlanishi uchun Xudodan so‘rab, ibodat qil.

 

 

28 AVGUST. TINGLA VA O‘RGAN

Kalomdan o‘qish: Qonunlar 31:9-13

...Ular eshitib o‘rganishsin, Egangiz Xudodan qo‘rqishsin. Mana shu qonunning barcha so‘zlarini bitta qoldirmay bajarishsin (Qonunlar 31:12).

 

QAY TARIQA OSONROQ O‘RGANISHING MUMKIN?

Ayrimlar eshitganlarida yaxshi uqib olishadi. Ular o‘qituvchi nima deganini eshitishadi, so‘ngra esa uning aytganlarini esga olishadi.

Boshqalarda esa ko‘rish xotirasi rivojlangan. Ular o‘qituvchini eshitishadi, ammo so‘zlarni qog‘ozda ko‘rganlarida yaxshiroq eslab qolishadi. (Mana nima uchun talabalar ma’ruzalarni yozib olishadi: ular ular ma’lumotlarni ko‘rib eshitganlarida darsni xotiralarida yaxshi saqlab qolishadi.

Ayrim yoshlar darsni eslab qolishlari uchun ularga ovoz chiqarib o‘qib berish kerak. Agar ular darsni o‘zlari takrorlab ayta olsalar, yodda saqlab qolishlari oson kechadi.

Ba’zilar amaliyotda ko‘proq o‘rganishadi. Ular  bilimlardan foydalangan holda mustaqil nimadir qilishlari kerak.Ular doimo harakatda bo‘lishadi va bilimlarni tajribadan o‘tkazishga sabrlari yetmasligi mumkin.

 Bilasanmi nima? Sen qay tarzda o‘qimagin, Muqaddas Kitob sen uchun yaratilgan. Xudo Musoga O‘z amrlarini berganida, shuni buyurdi: “Isroil xalqiga bu qonunni baland ovoz bilan o‘qib beringlar” (Qonunlar 31:11); bu eshituvchilar uchun amr etilgandi. Biroq Xudo Musoga shuni ham buyurdi: “Bu so‘zlarni yozib ol” (Chiqish 34:27); bu o‘qiydiganlar uchun edi. So‘ngra esa isroilliklar va’da qilingan zaminga kirganlarida, Xudo ularga ikkita tog‘ yonbag‘rida yig‘ilib, Uning amrlarini qayta va qayta takrorlashlarini buyurdi (Yoshua 8:30-35); bu esa kimlardir gapirishi kerak bo‘lgani uchun buyurilgandi. Biz barchamiz – eshitamizmi, o‘qiymizmi, takrorlaymizmi yoki nimadir qilamizmi – Xudoning qonunlarini amalda bajarishimiz kerak. U aytadiki, “...Ular eshitib o‘rganishsin. Egangiz Xudodan qo‘rqishsin. Mana shu qonunning barcha so‘zlarini bitta qoldirmay bajarishsin” (Qonunlar 31:12).

Qanday o‘qishing muhim emas. Xudo biz barchamiz Uning Kalomini eshitishimizni istaydi. U biz barchamiz Uning Kalomini o‘qishimizni xohlaydi. U barchamiz Uning Kalomini takrorlashimizni istaydi. Biroq eng muhimi mana nima: Xudo barcha Uning Kalomini bajarishini istaydi – bu nafaqat xotirada yaxshiroq saqlashlari uchun, balki shuni e’tiborda tutgan holda yaxshi yashashlarini xohlaydi, ya’ni, odamlar “Egangiz Xudodan qo‘rqishsin. Mana shu qonunning barcha so‘zlarini bitta qoldirmay bajarishsin” (Qonunlar 31:12).  Xudo shunday va’da qiladi: “Ularga doim yaxshilik qilishdan qochmayman. Mendan yuz o‘girib ketmasliklari uchun ularning yuraklariga Mendan qo‘rqish hissini solib qo‘yaman” (Yeremiyo 32:40).

MULOHAZA QILGIN: Sen Xudoning Kalomini e’tibor bilan tinglaysanmi? Sen o‘zing Kalomni o‘qiysanmi? Sen Kalomni takrorlab, muhim oyatlarni o‘rganasanmi? Sen Kalomda barcha aytilganlarni bajarasanmi? Xudoning Kalomini yaxshiroq o‘qish va undagilarni bajarish uchun nimalar qilishing mumkin?

IBODAT: “ Rabbim, men Sening Kalomingga amal qilmoqchiman. Meni bunga undayotganing uchun Sendan minnatdorman”.  

 

 

29 AVGUST. BO‘RI UCHUN TUZOQ

Kalomdan o‘qish: Yoqub 1:12-16

Har kim o‘z ehtirosi dastidan vasvasaga duchor bo‘lib, nafs tuzog‘iga ilinadi. Keyin ehtiros homilador bo‘lib gunohni tug‘adi, gunoh esa yetilib, o‘limga olib boradi.Ey aziz birodarlarim, aldanmanglar (Yoqub 1:14-16).

 

BILASANMI, ESKIMOSLAR bo‘rini qanday ovlashadi?

Dastlab eskimos tig‘i nihoyatda o‘tkirlashmagunicha pichog‘ini qayraydi. So‘ngra esa tig‘ni hayvon qoniga botirib, qonni sovuqda muzlatadi. U pichoq toki qotgan qonning bir qancha qatlami bilan qoplanmagunicha bu ishni qayta-qayta qiladi.

Keyin esa u bo‘rini yoki uning izini ko‘rgan joyga boradi. U pichoqni qorga shunday ko‘madiki, faqat uning qon bilan qoplangan tig‘i tashqariga chiqib turadi. Shundan so‘ng bu yerdan ketadi. Mana shu xolos.

Bo‘ri pichoqdagi qon hidini sezib, yoqimli hid sari keladi. Pichoqni topib, qotib qolgan qonni yalay boshlaydi. Ishtaha ovqat paytida ochiladi, bo‘ri muz erib o‘tkir tig‘ ko‘rinmagunicha yanada tezroq yalay boshlaydi. Och bo‘ri tilini yaralayotganini va endi u yalayotgan qon – o‘zining qoni ekanligini payqamaydi. U qon ketishi tufayli holdan toyib, o‘lib qolmagunicha yalayveradi.

Vasvasa bizni shu kuyga soladi. Biz xuddi bo‘ri kabi biror gunohni boshlaganimizda – aldaganimizda yoki o‘g‘irlaganimizda, giyohvand moddalar iste’mol qilganimizda yoki chekkanimizda – nimadir yoqimli va xavfsiz ish qilayotganimiz haqida o‘ylaymiz. Biz gunohkorona istaklarimiz gunohkorona harakatlarga, ular esa xavf-xatar va hattoki o‘limga olib borayotganligini anglab yetmaymiz.

Seni vasvasa aldashiga yo‘l qo‘ymagin. Noto‘g‘ri qaror yoqimli va hatto jozibador ko‘rinishi mumkin, biroq u oxir-oqibat seni xarob etadi.

MULOHAZA QILGIN: Muqaddas Kitobdan bugun o‘qiladigan parchalarda o‘limga olib boradigan qanday qadamlar haqida aytiladi? Xudo gunoh qilishing uchun vasvasaga soladimi? Vasvasa qayoqdan paydo bo‘ladi? Nima deb o‘ylaysan, vasvasaga yon berib, sen biror-bir samarali natijaga erishishing mumkinmi? Nima uchun “ha” va nima uchun “yo‘q”? Vasvasaga qarshi turish uchun nima qilish kerak?

HARAKAT QIL: Vasvasaning xavfli ekanligi haqida senga eslatib turishi uchun ko‘rinadigan joyga pichoq (o‘tkir bo‘lmasin) qo‘yib qo‘ygin.

IBODAT: “Rabbim, vasvasaga qarshi turishim uchun va gunoh jozibasidan bosh tortishimga Sen yordam berishingga ishonaman”.

 

 

30 AVGUST. NOTO‘G‘RI TANLOVGA QARSHI TO‘G‘RI JAVOB

Kalomdan o‘qish: 1 Yuhanno 1: 8-2:3

Agar gunohimiz yo‘q desak, o‘zimizni o‘zimiz aldagan bo‘lamiz va bizda haqiqat bo‘lmaydi. Bordi-yu, gunohlarimizni e’tirof etsak, sodiq va adolatli bo‘lgan Xudo gunohlarimizni kechirib, bizni har qanday yomonlikdan forig‘ qiladi (1 Yuhanno 1:8-9).

 

YAQINDA BIR O‘SMIR do‘sti bilan mashinada sayr qildi. Ular yaqin do‘stlar bo‘lib, vaqtni birgalikda ajoyib o‘tkazishdi. To‘satdan haydovchi orqa oynadan militsiya mashinasining chirog‘ini ko‘rib qoldi. U spidometrga qaradi va yuqori tezlikda ketayotganlariga birinchi marotoba e’tibor qaratdi. U agarda o‘ziga jarima solishsa, ota-onasi bilan o‘rtasida katta muammo kelib chiqishini bilardi, shu bois, to‘xtash o‘rniga yanada tezroq hayday boshladi. Militsiya ortidan kelardi. U mashinani yon ko‘chaga burganida yana bir militsiya mashinasi turganligini ko‘rdi – endi u o‘zini jiddiy ko‘ngilsizliklar kutayotganligini tushundi.

O‘smir katta ko‘l yoniga mashinani haydab bordi-da, sakrab chiqib, suvg‘a irg‘idi. Do‘sti ham shunday qildi. Ikkalasi ham sovuq suvga sho‘ng‘ishdi. Oradan bir muddat o‘tib, do‘sti qirg‘oqqa yetib oldi, militsionerlar uni suvdan chiqarib, odeyalga o‘rashdi. Mashinani boshqargan bola esa g‘oyib bo‘ldi.

Militsiya uch kun davomida ko‘lda uning jasadini izladi. To‘rtinchi kuni uni topishdi. Har kuni bolani qidirishda qatnashgan xolasi shunday dedi: bolaning suvga o‘zini tashlashiga sabab, u o‘zining hurmati yo‘qolishini istamagan.

– Biz hamisha uning noxush vaziyatlarga tushishi kerak emasligi haqida gapirardik, – dedi ayol, – bu uning kelajagiga ta’sir qilishini aytardik. U avval hech qachon bunday noxush ahvolga tushmagandi.

Qanchalik qayg‘uli: agar bu o‘smir o‘z nohaqligini tan olib, jazoni qabul qilganida cho‘kib ketmagan bo‘lardi.

Ba’zan o‘z gunohlarimizdan qochib ketgimiz keladi. Biz noto‘g‘ri qarorga kelganimizni tan olishni xohlamaymiz, biz jazodan qo‘rqamiz. Biroq Xudo biz shu narsani bilishimizni istaydi: biz noto‘g‘ri qaror qilganimizda, Undan qochishimiz kerak emas. U shunday deydi: “Bordi-yu, gunohlarimizni e’tirof etsak, sodiq va adolatli bo‘lgan Xudo gunohlarimizni kechirib, bizni har qanday yomonlikdan forig‘ qiladi” (1 Yuhanno 1:9).

Xudo bizni kechiradi. U noto‘g‘ri qarorlarimiz hamisha javobsiz qolishiga va’da bermagan, ammo doimo bizni kechirishi va poklashini va’da qilgan.

Biz noto‘g‘ri ishlar qilganimizda, undan qochish emas, yaxshisi tavba qilish, o‘z gunohni tan olish va Xudoning kechirimini izlash lozim.

MULOHAZA QILGIN: Mabodo noto‘g‘ri ish qilib qo‘ygan bo‘lsang, bunga qanday yondashmaslik kerak? Qanday yondashish kerak? Agar biror ish qilib qo‘ygan bo‘lsang, unga javob berishdan qutulib qolgan paytlaring bo‘lganmi? Va nima yuz berdi?

IBODAT: “Rabbim, agar men o‘z gunohlarimga tavba qilsam, Sen meni har qanday nopoklikdan tozalashga va’da berganing uchun minnatdorman. Iltimos, to‘g‘ri yo‘l tutishimga yordam ber. Ammo biror noto‘g‘ri ish qilsam, Senga tezda yuzlanib, qilmishlarimni tan olish va Sendan kechirim so‘rashimga yordam ber”.

 

 

31 AVGUST. SO‘ZMA-SO‘Z

Kalomdan o‘qish: Zabur 118: 57-64

So‘zlaringni yuragimda asrayman, Toki Senga qarshi gunoh qilmayin (Zabur 118:11).

 

“MUQADDAS KITOB OYATLARINI O‘QISH – juda zerikarli!”

“Bu juda murakkab”.

“Men Yuhanno 3:16 bilaman, chunki bu eng asosiy oyat”.

Sening shunday gapirishingga (yoki o‘ylashingga) to‘g‘ri kelganmi? Shunday bo‘lgan, to‘g‘rimi? Kalomni o‘rganish qiyin. Buni faqat “supermasihiylar” amalga oshira oladi, to‘g‘rimi?

Bir daqiqa shoshmay tur. Quyidagi savollarga javob qaytarishga urinib ko‘rgin:

1. Sen qancha qo‘shiqni yoddan bilasan? ( Kerakli javoblarni ko‘rib chiq)

     1    2   3   4  va 5 tadan ko‘p

 

2. Sevimli teleseriallardagi bosh qahramonlarni aytgin:

 

3. Qancha telefon raqamlarini yoddan bilasan (kerakli javoblarni ko‘rib chiq)?

     1    2   3   4  va 5 tadan ko‘p

 

Ajoyib! Bu oson savollar edi, to‘g‘rimi? Biroq nima uchun ular bunchalik oson? Negaki sen bularning hammasini yodingda tutasan!

Biror nimani yodda saqlab qolish sen o‘ylaganingdan ko‘ra oson. Sen gapirishni o‘rganishingdan avval yodlay boshlagansan. Axir aytadigan har bitta gapingni eslab qolishingga to‘g‘ri kelgan. Ehtimol, sen maktabga borishingdan avval bir necha to‘plam ertaklarni yod olgandirsan.

Nima uchun Muqaddas Kitob oyatlarini yodda saqlab qolish shunchalik qiyin? Bu ham juda oddiy. Sen do‘stingning telefon raqamini yodingda saqlab qolasan, negaki unga har kuni qo‘ng‘iroq qilasan, to‘g‘rimi? Va qo‘shiq so‘zlarini yodingda saqlaysan, negaki ularni tez-tez kuylab turasan. Agar sen bir yoki ikki hafta mobaynida har kuni qaysidir oyatni o‘qiydigan bo‘lsang, uni tezda yodlab olasan. Nima uchun bugunning o‘zida yodlab qolish uchun Muqaddas Kitobdan biror oyatni o‘zimizning kuyimizga moslab kuylashimiz mumkin emas ekan?

Xudoning Kalomini yurakda saqlab qolish sen o‘ylaganingdan ko‘ra ancha oson. Bu juda qiziqarli bo‘lishi mumkin. Yanada muhimi esa, Muqaddas Kitobni yodlash senga nima to‘g‘ri ekanligini bilish va kerakli xulosa chiqarishingga yordam beradi. Zaburchi shunday degan: “So‘zlaringni yuragimda asrayman, Toki Senga qarshi gunoh qilmayin” (Zabur 118:11).

MULOHAZA QILGIN: Sen Muqaddas Kitobdagi qancha oyatni yoddan bilasan? Ovoz chiqarib ularni takrorlagin. Muqaddas Kitobni o‘rganib olish gunoh qilmasliging uchun senga qay tariqa yordam beradi? Nima deb o‘ylaysan, sen har haftada Muqaddas Kitobdan bitta oyatni yodlay olasanmi? Nima uchun bugunning o‘zida boshlay olmaysan?

HARAKAT QIL: Bugungi oyatni yodlab qolishning oddiygina yo‘li: oyatni qog‘ozga katta harflar bilan yozgin. Oyatni toki yodlab bo‘lmaguningcha har kuni uchta so‘zdan bo‘lib-bo‘lib, hafta mobaynida har kuni ovoz chiqarib o‘qigin.

IBODAT: “Rabbim, men Sening Kalomingni o‘qib, o‘z qalbimga jo etmoqchiman. Buni qilishim uchun menga yordam ber”.


 

O‘smirlarning har kungi o‘qishlari uchun (Uzbek tilida kitob) To‘g‘ri qarorlar izlab (Josh Makdauell va Bob Xostetler)
YANVAR - FEVRAL - MART - APREL - MAY - IYUN - IYUL - AVGUST - SENTYABR - OKTYABR - NOYABR - DEKABR

 



Shu bobni eshitish:


AUDIOKITOB ►
butun kitobni tinglang

Kitoblar

Qaysi kitoblarni tinglashni istaysiz?
Qaysi kitoblarni tinglashni istaysiz?

docs.google.com/forms

Xush kelibsiz!

Яхши аудио Китоблар
Audiokitoblar Uzbek tilida


Kinolar va Multiklar
Kinolar Uzbek tilida


Audiokitob - Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd
Audiokitob Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd


Аудио Кутубхона
Audiokitob Uzbek tilida

Telegram bot: @audio_kito_bot
Kanal: @kitoblar_elektron_uz



Sharhlar

...ҳар куни — байрамнинг биринчи кунидан охирги кунигача Худонинг Таврот китобидан ўқиб берди...

...kunidan oxirgi kunigacha Xudoning Tavrot kitobidan o‘qib berdi...
Naximiyo 8:18



Yaxshi audio kitoblarni yuklab oling uzbek tilidagi

911. Xudoning irodasini izlash (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. Haqiqiy sevgini izlash (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. Rejalashtirilmagan homiladorlik (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. O'z joniga qasd qilish haqidagi fikrlar (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. Jinsiy zo‘rlanish (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. Ota-onaning ajralishi (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. Nizolar (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. Yaqin insonning vafot etishi (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    Сенинг Чўққиларинг томон йўл (Ханна Харвард)    Фаришталар ҳам сукут сақлаган эдилар (Макс Лукадо)    Худонинг Буюклиги (Эйден Тозер)    Яраланган юрак (Дэн Аллендер)    Худонинг Муқаддаслиги (Роберт Спраул)    Фарзандингиз учун қай тариқа чўпон бўлиш мумкин? (Тед Трипп)    Энага яна ёрдамга шошади (Мишель Лароу)    Сандон устида (Макс Лукадо)  Гувохлик ва биография (Николай Бойко Ерофеевич)    Турмуш ўртоғингиз нотўғри ёъл тутганда, Сиз тоғри ёъл тудинг (Лесли Верник)    Матонат соҳиби (Джош Макдауелл)    Бахтли оила (Абдулла Рашидов)    Zamonamiz durdonasi (Nikolay Boyko)    Худди Исо Каби (Макс Лукадо)    Уни Нажоткор деб аташлари таажжубли эмас (Макс Лукадо)    Дарбадар ўгилнинг қайтиши (Генри Нувен)    Худо жуда яқин келди (Макс Лукадо)    Эски Аҳд аёллари ҳақида вазлар (Чарлз Спержен)    Iso bizning taqdirimiz (Vilgelm Bush)    Сиз осмонда қилолмайдиган иш (Марк Кехилл)    Дарбадар ўғил (Чарлз Спержен)    Ҳомиладорлигим кундалиги (Вера Самарина)    Иброҳимнинг оиласи: парчаланган шажарани шифолаш (Дон Мак-Керри)    Зулматдаги нур (Доктор Джеймс ва Ширли Добсон)    Митти Тиллақўнғиз ва Серқуёш ўтлоқзор аҳолиси (Майя Огородникова)    Подшоҳнинг сири  (Урусла Марк)    Яна қароқчилар қўлидами? (Урусла Марк)    Қароқчиларникидай  эмас (Марк Урусла)    Эътиқод уфқлари (Георгий Винс)    (Биродар Андрей ва Алекс Янсен) Сирли масиҳийлар    Масиҳийлик таълимоти асослари (Роберт Спраул)    Ҳаёт бўронларига бардош беринг (Пол Эстебрукс)    Абадийликка ишонаман (Николай Ерофеевич Бойко)    Ўсмир ибодатининг кучи (Сторми Омартиан) kitob Uzbek tilida    Чегарасиз хает (Ник Вуйчич) kitob Uzbek tilida    Севимли инсоннинг ҳаёти (Генри Нувен) kitob Uzbek tilida    Довюраклар (Макс Лукадо) kitob Uzbek tilida    Бирга қилинган ибодатнинг қудрати (Сторми Омартиан) kitob Uzbek tilida    Хузур халоват амрлари (Джон Макартур) kitob Uzbek tilida    Саботли инсон (Джош Макдауелл) kitob Uzbek tilida    Shijoatkor (Nik Vuychich) kitob Uzbek tilida    Мақсад Сари Йўналтирилган Ҳаёт (Рик Уоррен) kitob Uzbek tilida    Чалғитиш номли душман (Джон Мэйсон) kitob Uzbek tilida    Мафтункор Гўзаллик (Джон ва Стейси Элдридж) kitob Uzbek tilida    Севги ва ҳурмат (Эмерсон Эггерих) kitob Uzbek tilida    Ayollar... (Nensi Demoss) kitob Uzbek tilida    Хакиат асоси (Джон Стотт) kitob Uzbek tilida    ИБОДАТГЎЙ АЁЛНИНГ КУЧИ (СТОРМИ ОМАРТИАН) kitob Uzbek tilida    ТЎҒРИ ҚАРОР (Джош ва Дотти Макдауэлл) kitob Uzbek tilida    Нега? (Филип Янси) kitob Uzbek tilida    Hayotdagi yetakchilik va ijodiy salohiyat (Rik Joyner) kitob Uzbek tilida    Ishayo 53 sharxlar (Mitch Gleyzer) kitob Uzbek tilida    Xudoga qay tarzda manzur bolish mumkin (Robert Charlz Spraul) kitob Uzbek tilida    Mukaddas ruxning siri (Robert Charlz Spraul) kitob Uzbek tilida    Ota-ona ibodatining kuchi (Stormi Omartian) kitob Uzbek tilida    Muhabbat tilsimi (Djosh Makdauell) kitob Uzbek tilida    Xudoning qalbiga mos erkak (Jim Jorj) kitob Uzbek tilida    Enaga yordamga shoshadi (Mishel Larou) kitob Uzbek tilida    Bolaning nazaridagi qahramon (Djosh Makdauell) kitob Uzbek tilida    G‘alamisning xati (Klayv Steyplz Lyuis) kitob Uzbek tilida    Dolzarb Savollarga Javoblar (James Paker) kitob Uzbek tilida    kitob Uzbek tilida    kitob Uzbek tilida    kitob Uzbek tilida    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Bolalar Audiokitob Uzbekcha    Bolalar kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Hamdu Sanolar Uzbekcha    Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musika



Kitobook – Kitoblar, AudioKitoblar: Инжил ва Muqaddas Kitob ва Инжил Каракалпак