Nikohdagi Baxtning 10 Retsepti (Josh Makdauell) 5 bob

Джош Макдауэлл. Никоҳдаги Бахтнинг 10 Рецепти - (5-боб) Узбек тилида

Nikohdagi Baxtning 10 Retsepti (Djosh Makdauell) Audiokitob Uzbek tilida.Книга на Узбекском языке

                         

MUNDARIJA

Kirish

1–BOB. SIZ SEVGI MUNOSABATLARIDAN NIMANI ISTAYSIZ?

2–BOB. BIRINCHI QAROR. Hayotda Xudoni birinchi o‘ringa qo‘yish

3–BOB. IKKINCHI QAROR. Men qanday bo‘lsam, o‘zimni shundayligimcha sevish va qabul qilish

4–BOB. UCHINCHI QAROR. G‘aroyib darajada sevimli bo‘lish. Birinchi qism

5–BOB. UCHINCHI QAROR. G‘aroyib darajada sevimli bo‘lish. Ikkinchi qism

6–BOB. TO‘RTINCHI QAROR. Ajoyib tinglovchi bo‘lish

7–BOB. BESHINCHI QAROR. Muloqot san’atini egallash

8–BOB. OLTINCHI QAROR. Qabul qiladigan, sadoqatli va doimiy sevgini namoyon etish

9–BOB. YETTINCHI QAROR. Kelishmovchiliklarni tezda hal etish

10–BOB. SAKKIZINCHI QAROR. Hamisha kechirish

11–BOB. TO‘QQIZINCHI QAROR. Oilaviy byudjetga jiddiy yondashuv

12–BOB. O‘NINCHI QAROR. O‘z tuyg‘ularining tozaligi va yorqinligini asrash


5–BOB. UCHINCHI QAROR. G‘AROYIB DARAJADA SEVIMLI BO‘LISH. IKKINCHI QISM

U bir tekis va chuqur nafas olardi. U hech qachon bunchalik qattiq uyquga ketmagan. Harqalay, Xudo Odam Atoni uxlatib qo‘yganidan so‘ng uning uyg‘onib o‘ziga kelishi uchun bir necha daqiqa kerak bo‘lgandir. Odam Ato nihoyat ko‘zini ochganida Xudo uning qovurg‘asidan yaratib qo‘ygan ijodga qanday qaraganini faqat tasavvur qilish mumkin.

Odam Ato birinchi odam bo‘lib yaratilganini esga olaylik. U gunoh bo‘lmagan mukammal olamda yashardi. Bu ilk odam O‘z Yaratuvchisi bilan mukammal munosabatlardan lazzat olardi. Bu jannat edi. Xudo barchasini favqulodda donolik bilan yaratgandi, ammo baribir U shunday pokiza va mukammal olam aro shunday dedi: “Yaxshi emas ...”.

U yerda nimasi yaxshi emas edi? So‘zsiz, Xudo yomon biror narsani yaratmagan bo‘lardi, biroq U nimadir yakunlanmay qolganini va uni shu ahvolda qoldirish yaxshi emasligini e’lon qildi. Bunday yakun topmaslik Odam Atoning yolg‘izligida aks etgandi. “...Odamning yolg‘iz bo‘lishi yaxshi emas, unga munosib sherik yarataman” dedi Xudo (Ibtido 2:18). Demak, keling, tasavvur qilamiz: Odam Ato xotin atalmish mavjudotni ko‘rish uchun uyg‘onadi. Xudo erkakning chuqur botinida joylashgan kuchli yolg‘izlikni bartaraf qilish uchun xotinni yaratgan edi.

Tasavvur qiling, Odam Ato uning yuziga shunchalik lol qolib boqadiki, boshqa hech nimaga emas, balki faqat ungagina maftun bo‘lish mumkin. Xotin tuman orasidan chiqib kelib ikkilanmasdan uning oldiga kelayotganida bir lahza dong qotadi. Hech narsa hech qachon uni xotinning tashqi ko‘rinishidek maftun etmagan. U bunday ijoddan baxt–saodat shavqini tuydi. U hali hayotda bunga monand go‘zallikni hech ko‘rmagandi.

 Demak, ularda bir–birlariga nisbatan shu zahotiyoq jismoniy mayl qo‘zg‘alib, jinsiy qovushish g‘aroyib tarzda yuz berishi kerak edi. Biroq Odam Atoni Momo Havoning go‘zal qomatidan ko‘ra ortiqroq nimadir maftun etgandi. Uning maylida qandaydir jumboq bor edi, Odam Atoning o‘zida yetishmagan va muhtoj bo‘lgan nimadir Momo Havoda mujassamlangandek edi. Momo Havo ham xuddi shu tuyg‘uni his etdi. Ularni mana shu hissiyot jismoniy birlashuvdan ko‘ra chuqurroq munosabatlarga tortdi.

Birinchi erkak va birinchi ayol bir–birlarida ko‘rish va jismoniy yaqinlikdan yuqori bo‘lgan nimanidir anglab yetishni istashardi. Va ikkalasi ham his–tuyg‘ular birligiga, bir mohiyatning ikkinchisi bilan bog‘lanishiga, ruhan chuqurroq bog‘lanishga ehtiyoj sezishardi. Qisqacha qilib aytganda, ular o‘z yolg‘izliklaridan qutulishni istashardi. Ular o‘zlaridan keyin tug‘ilgan har bir inson kabi mana shunday yaqinlikka, ochiq munosabatlarga, o‘ziga qabul qilishga va bir–birlari bilan birlashishga intilishardi. Ha, barchamizni ham yolg‘izlikdan qutqaradigan kimdir kerak.

Agar Xudo bizni bu kabi yaqinlikdan bahra olishimiz uchun yaratgan ekan, buni amalda his qilish uchun nima qilishimiz kerak? Bir insonning boshqa inson bilan jinsiy aloqa qilishiga nima undaydi? Bizni yolg‘izlikdan nima xalos etadi? Bu qandaydir ishimiz, qandaydir so‘zimiz yoki sevgi farishtasining qayoqdandir kamondan  uzilgan o‘qi kabi bizni nishonga uradigan boshqa narsami? Mening o‘ylashimcha, bu biz bor kuchimiz bilan qilayotgan qandaydir ish yoki gapirayotgan so‘zlarimiz emas, balki nimagadir intilishimizda aks etadi. Boshqacha qilib aytganda, biz hammamiz kutayotgan o‘sha birlashuvni topish uchun yaqinlikni izlashga kirishishimiz lozim. Muqaddas Kitob buni bajarishimiz uchun bir qancha ajoyib ko‘rsatmalar beradi.

SEVIMLI INSONINGIZNI ANGLASH UCHUN QARORINGIZ

Do‘stim doktor Deyvid Fergyuson meni Eski Ahddagi munosabatlarga qay tariqa intilishingizni tushuntiradigan uchta qadimiy yahudiycha so‘zlar bilan tanishtirdi. U o‘zining oilaviy munosabatlarga bag‘ishlangan “Yolg‘izlikni unut” nomli ajoyib kitobida bu holatni batafsil tahlil qiladi.

Birinchi so‘z – yada bo‘lib, u “bilmoq” ma’nosini anglatadi. Xudo shunday deydi: “Onang qornida senga shakl bermasimdan oldin seni bilgan edim...” (Yerem. 1:5). U sizni mayda tafsilotlaringizgacha biladi. U sizning iqtidoringizni, in’omlaringizni, moyilligingizni, sabablarni, intilish va orzularingizni chuqur va tub–tubigacha biladi. U aqlingiz va ruhingizning chuqur sirlarini o‘rgangan. U bevosita sizning aslida kim ekanligingizni bilan tanish.

Men Xudo har birimizni boshqa odam bizni chuqur anglashiga ehtiyojmand qilib yaratganiga ishonaman, go‘yo U har birimizning bo‘ynimizga shunday yozuvli peshtaxtani ilib qo‘ygandek: “Iltimos, meni anglab oling”. Haqiqiy sevimli bo‘lish istagi – bu kimgadir aslida kim ekanligimizni oshkora etish va ular bizda nimaiki topgan bo‘lsalar, bularni sevish va qabul qilishdir. Boshqa inson tomonidan har birimizni chuqur anglab yetish bizni yolg‘izlikdan xalos etadi.

Do‘stlarimdan biri Mark o‘z xotinini sevishini menga aytgandi, ammo uning nikohi borgan sari zerikarli va eskicha tus ola boshladi. Uning aytishicha, katta e’tibor qaratib doimo to‘g‘ri ishlar qilmoqda va to‘g‘ri gaplar aytmoqda. Markning xotini Syuzen o‘z navbatida erini sevishini, ammo munosabatlaridagi uchqun so‘nganini menga aytib berdi.

Markning tushuntirishicha, o‘z xotinini anglashi uchun o‘rganilmagan hech nima qolmagan. “Men Syuzen haqida hamma narsani bilaman, – deydi u, – endi u menga avvalgidek qiziqarli emas”. Albatta, u yanglishyapti: u xotinini tushunish uchun endigina “yaqinlashdi”, xotinining betakrorligini bir oz his qildi, xolos. Bizlardan hech kim turmush o‘rtog‘imizning yoki sevimli kishilarimizning chuqur asliyatini va fe’l–atvorining murakkabliklarini oxirigacha tushunishga qodir emasmiz. SHoh Dovud shunday degan, “Ichki a’zolarimni Sen yaratgansan, Onamning qornida menga shakl bergansan. Senga shukrona aytaman, Axir, qanday ajoyib qilib yaratilganman” (Zabur 138:13–14). Nafaqat tanamiz, balki aqlimiz va qalbimiz ham murakkab hamda ko‘p qirralidir.

Xayriyatki, Mark aslida Syuzenni bilmasligini va uni tushunmasligini anglab, es–hushini yig‘ib oldi. Syuzenning u bilan baham ko‘rganlaridan tashqari xotiniga taalluqli yana nimalardir borligi Markda qiziqish uyg‘otdi. Endi Mark xotinining o‘ziga xosliklarini va fe’l–atvorining ochilishi kerak bo‘lgan jihatlarini tadqiq etishga kirishdi. U xotinini chinakamiga o‘rganishga intila boshladi. Mark keyinroq menga shunday degandi: “Mening Syuzenim qanchalik serqirra va murakkab inson ekanligini hattoki tasavvur qilmagan ekanman, men shunchaki so‘qir bo‘lganman. Men uni tushunaman deb o‘ylardim, Josh, lekin nohaq ekanman. Men sevgan ayolni tushunish uchun butun umr va hatto undan ko‘proq vaqt kerak bo‘ladi. O‘zimni go‘yo yangidan sevib qolgandek his qilyapman”.

Mark xotiniga bo‘lgan sevgisida muayyan bir sir borligini o‘zi uchun kashf etdi va bu sirni Xudo yaratgan edi. SHubha qilmang: siz o‘zingiz sevadigan insonni aslida kimligini bilmaysiz. Albatta, siz u muzqaymoqning qaysi turini afzal ko‘rishini, qaysi musiqalarga ishtiyoqmandligini, yoqtirgan rangini va qaysi sport jamoasiga muxlislik qilishini bilasiz. Biroq turmush o‘rtog‘ingizda shunday bir teranlik va murakkabliklar borki, siz ularni ochganingizda, uning hayotidagi jozibador va hayratomuz o‘lchamlar namoyon bo‘ladi, bu o‘lchamlar esa o‘zlarini sevib qolishlarini kutadi.

Biz endigina turmush qurganimizda, men Dottini sevardim – bunga shubha yo‘q, ammo munosabatlarimizda o‘sha paytda men bilmagan yoki tushunmagan ko‘plab jihatlar bor edi, hatto hozir ham xotinim men uchun ko‘p taraflama jumboqligicha qolmoqda. Xudo bizni aynan shunday qilib yaratgan. Bizning behad murakkabliklarimiz toki o‘zimiz boshqa odamlarga hissiy ehtiyojlarimizni birin–ketin ochmagunimizcha ular bizni oxirigacha anglab yetishlariga izn bermaydi. Aynan mana shu jarayonda bizning betakror hissiy fe’l–atvorimiz namoyon bo‘ladi. Aynan mana shu jumboq meni xotinim bilan yaqin munosabatlarga ilhomlantiradi, aynan shu jumboq aloqalarimizni hayratomuz tarzda yangilab turadi.

Bu borada hech narsa murakkab emasdek tuyuladi, biroq Dotti qandaydir qiyinchiliklarni yoki muammolarni, xafagarchiliklarini men bilan baham ko‘rganida, go‘yo u mendan, “hammasini hal qilaman”, deyishimni kutadi. Aslida esa qiyinchiliklarni bartaraf etish, muammolarni hal qilish, xafagarchiliklarni yumshatish uchun o‘zimda tayyor rejalar bordek tuyulardi. Ammo gap shundaki, uning mendan aynan nimani kutayotganligini tushunishim uchun Dottini yetarli darajada chuqur bilmasdim. Ehtimol hamma gap, bunday vaziyatlarda Dottiga taklif etganlarim aslida uning muhtojligini qondirish uchun emas, o‘z foydam uchun bo‘lganidadir. Havoriy Pavlus bizni zarur ehtiyojlar uchun yordam so‘zini taklif etishimizga undaydi, ya’ni bu “tinglovchilarning ehtiyojiga ko‘ra ...ularga foyda keltiradi” (Efesliklar 4:29). Yaqin munosabatlarni izlashim davomida xotinimning hissiy ehtiyojlari qanday ekanligini va ularni qanday qondirishim haqida bilishim lozim edi. SHunday yo‘l tutganimdagina, men chindan ham uning yolg‘izligini kamaytirgan bo‘lardim.

Dotti kunlardan birida ota–onalar yig‘ilishidan qaytganida, bolalarimiz haqida eshitgan gaplaridan o‘ta tashvishda edi. U avval shunga o‘xshash muammolarni men bilan bo‘lishganida men darhol unga tayyor qarorimni bildirib shunday gaplar aytardim: “Azizam, yuragingga bunchalik yaqin olma. Mana sen nimalar qilishing kerak”, va muammoni hal etish rejasini o‘rtaga tashlardim. Ehtimol, bu rejalar yaxshi ham bo‘lgandir, ammo men o‘sha daqiqalarda Dotti his qilayotgan og‘riqqa e’tibor bermasdim. Men tobora o‘zim uchun sekinlik, ammo ishonch bilan Dotti qattiq tashvishlanganida unga aynan nima kerak ekanligini bilib oldim. Va endi men bilan o‘zidagi noxushliklar va xafagarchiliklarni bo‘lishganida, yaqinroq surilaman va yelkasiga qo‘limni qo‘yib shunday deyman: “Azizam, shunday gaplarni eshitishingga to‘g‘ri kelganidan juda afsusdaman. Sevgilim, sendan qattiq xavotirlanyapman”. Mana Dotti uchun aslida nima kerak – favquloddagi holatlar rejasi ham, tayyor qarorlar ham, vaziyatni to‘g‘rilash ham emas, balki uni tushunish va hamdardlik zarur.

Qanchalik g‘alati tuyulmasin, o‘sha damlarda Dotti muhtoj bo‘lgan hamma narsa faqat shu edi. Xo‘sh, men nimani o‘rgandim? Men xotinimni qalban his qilishni o‘rgandim. Uning uchun muammoni hal qilishlari emas, balki uni tinglashlari muhim. Men asta–sekin Dottining qalbiga nimadir og‘ir botganida, unga umumiy jumlalar va hayotdagi barcha muammolar uchun qarorlar emas, taskin so‘zlari va kuchli quchoqlash zarur ekanligini tushuna boshladim. Bunday dilsiyohlikdan so‘ng oradan bir necha kun o‘tgach, xotinim oldimga kelib qandaydir qiyin vaziyatda, masalan, kenja farzandimizni tarbiyalash borasida nimalar qilishi lozimligi haqidagi fikrimni so‘rardi. Ana shunda mening tezkor tadbirlarim rejasi chindan ham kerak bo‘lardi.

Ko‘rayapsizmi, men xotinim sari qadam tashlab uning asl hissiy ehtiyojlarini anglaganimda nimalar ro‘y berdi? Men xotinimning yolg‘izligini jindak kamaytirdim, bu esa o‘rtamizdagi katta yaqinlikka olib keldi. Biz sevimli insonimizni chuqur tushunishni boshlab, uning hissiy ehtiyojlarini qondirish uchun ochilganimizda, bu yaqin munosabatlarga olib keladi.

Har doimgidek, Muqaddas Kitob boshqa insonni qalban anglash va uning yonida bo‘lib, mavjud hissiy ehtiyojlarini qondirishimiz haqidagi tushunchalarni baham ko‘radi. Iso shunday degan: “Sizlarga yangi amr beryapman: bir–biringizni sevinglar. Men sizlarni qanday sevgan bo‘lsam, sizlar ham bir–biringizni shunday sevinglar” (Yuh. 13:34). Biz Yangi Ahdda kamida o‘ttiz besh marta mana bu so‘zning takrorlanishini ko‘ramiz – harakatni anglatadigan “sevish” fe’lidan keyin “bir–birini” degan so‘z keladi. Kalom bizga bir–birimizni qanday sevishimiz va boshqa insonning garchi bir daqiqalik bo‘lsada hissiy ehtiyojlarini qondirishimiz uchun, uni yetarli darajada chuqurroq bilishimizga doir aniq ko‘rsatmalar beradi.

Va nima hayron qoldiradi: siz sevadigan inson betakror qilib yaratilgan va hissiy ehtiyojlaringiz ustunlikning turli darajalarida turibdi. Korinfliklarga birinchi maktubning 12–bob 25–oyatida bir–biriga g‘amxo‘rlik qilish buyurilgan (e’tibor bering), Salonikaliklarga birinchi maktubning 5–bob 11–oyatida esa bir–biriga dalda berish (qo‘llab–quvvatlash) amr etilgan. Siz sevadigan inson e’tibor masalasida kuchli hissiy ehtiyoj sezishi va bundan kamroq darajada qo‘llab–quvvatlanishga ehtiyoj sezishi mumkin. Siz esa aksincha, hissiy qo‘llab–quvvatlanishga ulkan ehtiyoj sezgan holda, e’tiborga kamroq muhtojdirsiz. Bu sizning fe’l– atvoringiz va hayotiy tajribangizga, xususan, siz ulg‘aygan oiladagi vaziyatga bog‘liq.

Endi esa Kalomda belgilangan o‘nta hissiy ehtiyojlarga va ularni qondirish uslublariga e’tibor bering. Bu siz sevadigan insonni yaxshiroq bilishingizga va uning yolg‘izligini biroz kamaytirishga yordam beradi. Natijada bir–biringiz uchun yanada yaqinroq bo‘lasiz. Ushbu hissiy ehtiyojlarni muhokama qilishdan avval men sizga o‘zingiz sevadigan insonning hissiy ehtiyojlarini qondirishingiz uchun unga tomon yuzlanganingizda nimani his qilishi haqida aytib beraman.

Taskin(ishtirok)ga bo‘lgan hissiy ehtiyoj.

Menga og‘riq yetkazilganida hamdardim bo‘lsang, taskin topaman. Qachonki sen og‘riqlarimning bir qismini o‘zingga olganingda, bir–birimizga yaqin bo‘lganimizni his qilaman (qarang: 2 Korinfliklar 1:3–4)

Kalomda, “yig‘layotganlar bilan birga yig‘langlar”, deyilgan (Rim.12:15). Biz buni hissiy va jismoniy og‘riqni boshidan kechirayotgan sevimli insonimiz bilan birgalikda qilganimizda, qandaydir g‘ayrioddiy holat yuz beradi. “Har xil azob–uqubatga uchraganimizda, Xudo bizga tasalli beradi. SHunday ekan, biz ham azob chekayotgan insonga tasalli bera olamiz.” (2 Kor. 1:4). Biz turmush o‘rtog‘imizga taskin berganimizda, nima yuz beradi? Xudo mo‘‘jizaviy tarzda unga taskin berish va hissiy davolash uchun biz orqali harakat qiladi.

Men “favqulodda choralar rejasi” – turmush o‘rtog‘ingiz azoblanganida kerakli reja emasligini tasdiqlashim mumkin. “Mening fikrimcha, azizam, buning sababi shundan iboratki, ...” kabi javoblar bu o‘rinda ish bermaydi, negaki bu paytdagi mavjud ehtiyoj taskin berishdan iborat. Harholda, taskin so‘zlari shunday yangrasa ma’qulroq: “Sen bilan bu yuz berganidan juda afsusdaman, ...”.

Nasihat – aynan zarur bo‘lgan narsa emas. “Bunday vaziyatda Xudo bizga amr etadiki ...” kabi javoblar kerakli natijani bermaydi, negaki bu paytda taskinga ehtiyoj seziladi. Taskin xuddi mayin quchoqlashga o‘xshaydi.

Umumiy jumlalar – bu mutlaqo zarur bo‘lgan narsa emas. “Bo‘pti, azizam, bunga parvo qilma! Ertaga yangi kun keladi va ...” kabi javoblar quloq tagidan o‘tib ketadi, negaki bu paytdagi chin ehtiyoj taskindan iborat. Harholda, taskin so‘zlari shunday yangragani ma’qul: “Senga qanchalik og‘ir ekanligini tasavvur qilish ham qiyin”.

To‘g‘ri maslahat – hamisha ham o‘rinli bo‘lavermaydi. “Sening o‘rningda bo‘lganimda, men bilan hammasi boshqacha yuz berardi...” kabi javoblar aslida yordam bermaydi, negaki chin ehtiyoj bu paytda taskindan iborat. Harholda, taskin so‘zlari shunday yangragani ma’qulroq: “Ishon, men senga hamdardman”.

“Favqulodda choralar rejasi”, nasihat, umumiy jumlalar va to‘g‘ri maslahat – hammasining ham o‘z vaqti va o‘z o‘rni bor, ammo sevimli insonimiz azoblangan paytda emas, negaki uning azoblarini faqat taskin kamaytiradi. Biz unga nima kerakligini tushunib, taskin berishga kechikmaganimizda, uning azoblari va yolg‘izligini biroz bartaraf qilamiz, bu esa bizning munosabatlarimizni yanada yaqinroq qiladi.

Sizlarni, ayniqsa, erkaklarni ogohlantirib qo‘yishimga ijozat eting. Sevganingizga taskin berish uchun qanday holatda ekanligini ipidan ignasigacha bilishim zarur, degan xayollarga bormang. Bir do‘stimning bu saboqni o‘zlashtirishi o‘ta qiyin kechgan.

Bir vaqtlar uning xotini qattiq his–hayajonga tushganida, og‘aynim shunday so‘zlar bilan tinchlantirishga uringan: “Azizam, senga nima bo‘layotganini bilaman”. Xotini javob tariqasida faqat o‘shqirgan: “Yo‘q, bilmaysan! Menga nimalar bo‘layotganini bilishni uqtirishga qanday jur’at etding?” Do‘stim gapirolmay qolgan, biroq xotini haq edi. Turmush o‘rtog‘imizning qayg‘usini baham ko‘rmoq uchun uning nimalarni boshdan kechirgani va uning qalbida hozir nimalar kechayotganini bilish aslida shart emas. Biz faqat ularning o‘zlarigagina ma’lum bo‘lgan hissiy kechinmalarni doimo ham baham ko‘rolmaymiz. Harholda, biz insonga hozir azobli ekanligini bilgan holda, o‘zimiz ham u bilan birgalikda og‘riq tuyamiz. Og‘aynim shunday deganida yaxshiroq bo‘lardi: “Azizam, senga juda qiyin bo‘layotgandir. SHuni bilishingni xohlayman: sening qiynalayotganingni ko‘rish men uchun og‘ir”. SHu tariqa, biz azoblanayotgan turmush o‘rtog‘imiz bilan o‘zimizni go‘yoki tenglashtiramiz, endi uning qanday tuyg‘uni his qilayotgani bizga ma’lumdek o‘zimizni tutmaymiz, negaki yaqin kishilarimiz buning haqiqat emasligini bilishadi. Kimni sevsangiz uni anglab yeting va taskinga ehtiyojini qondirish o‘zini yolg‘iz his qilmasligiga yordam berishini tushuning.

Qabul qilishga bo‘lgan hissiy ehtiyoj.

Sen meni sevganingda, ayniqsa, mening harakatlarim mukammallikdan yiroq bo‘lganida ham sevganingda, meni qabul qilayotganlarini his qilaman. Qanday bo‘lsam shundayligimcha, barcha kamchiliklarim bilan qabul qilganingda, bir–birimizga yaqin bo‘lganligimizni his qilaman (qarang: Rimliklar 15:7)

Ko‘plab er–xotinlar qabul qilish va ma’qullash tushunchalarini adashtirishadi. Biz kimningdir harakatini ma’qullamasligimiz bu odamni shaxs sifatida qabul qilolmasligimizni mutlaqo bildirmaydi. CHindan qabul qilish turmush o‘rtog‘imizning harakatini biz boylikda ham, qashshoqlikda ham sevishga qaror qilgan o‘sha insonning shaxsiyatidan mazmunan farqlab beradi.

Biz hammamiz ham nomukammal insonlarmiz va qilgan yoki qilmagan ishlarimiz turmush o‘rtog‘imiz bilan aloqalarimizni buzolmasligini bilishimiz kerak. Qabul qilishga ehtiyoj – xatolarimizga qaramay, har qanday holatda ham sevimli ekanligimizni bilish ehtiyojidir. Hattoki bizda hech qachon hech nima o‘zgarmaganda ham, bizni avvalgidek sevishlariga va qabul qilishlariga ishongimiz keladi. Turmush o‘rtoqlarimiz ham bizdan shuni xohlashadi. Ular qabul qilishning bunday turini his qilganlarida, o‘zlarini bu qadar yolg‘iz sezishmaydi va bizga yaqinliklarini qalban anglay boshlaydilar.

E’tibor (g‘amxo‘rlik)ga bo‘lgan ehtiyoj.

Mening olamimga kirganingda, menga e’tibor qaratganingda va hayotimda ishtirok etganingda, men haqimda g‘amxo‘rlik qilayotganlarini his etaman (qarang: 1 Korinfliklar 12:25)

Biz yuqori tezlik dunyosida yashayapmiz. O‘zimiz va sevgan kishimizda turlicha ish, turlicha do‘stlar va turli qiziqishlar bo‘lishi, har kunlik shoshilishlar va chalkashliklar orasida o‘zimizni unutilgan va arzimas ekanligimizni his qilishimiz mumkin. Harqalay, ana shunday damlarda o‘zimiz ham, biz sevgan insonlar ham e’tiborga alohida bir kuchli muhtojlik sezamiz.

Biz boshqa odamga nima zarur ekanligini bilganimizda, uning olamiga kirib va ana shu olamning bir qismi bo‘lganimizda unga e’tibor qaratamiz. Misol uchun, bu kabi gaplarni aytib e’tibor bildirishimiz mumkin: “Bugun kuning qanday o‘tganligini menga gapirib ber. So‘nggi loyihang nima bo‘lganligi qiziqtiryapti”. Har safar sevgan insonimiz hayotida nimalar bo‘layotganiga qiziqish bildirib va qilmoqchi bo‘layotgan ishini birgalikda bajarishga maroq bilan qo‘shilganimizda, biz uning e’tiborga bo‘lgan hissiy ehtiyojini qondiramiz va bunday yo‘l tutishimiz bizni ohangrabo kabi bir–birimizga tortadi.

Ma’qullashga bo‘lgan hissiy ehtiyoj.

Meni shaxs sifatida ko‘rib, mamnunligingni aytganingda yoki xursandligingni ko‘rsatganingda, men ma’qullanganligimni his qilaman (qarang: Rimliklar 14:18).

Barchamizga ham bu hayotda nimagadir arzishimizni aytib turadigan og‘zaki qo‘llab–quvvatlov kerak. Turmush o‘rtog‘imizni erishgan muvaffaqiyatlarini uchun maqtab o‘tirish o‘rniga nega ular bunga erishganlariga diqqatimizni qaratgan ma’qul. SHu tariqa, biz ularning fe’l–atvoriga urg‘u beramiz va nafaqat ularning yutuqlarini, balki shu yutuqlarga erishishlariga sabab bo‘lgan shaxsiy sifatlarini ham o‘zlari tushunishlariga yordam beramiz.

Ma’qullash mana bu so‘zlar bilan ifoda etiladi: “Bugun uyimizga mehmonlar kelishganida sen uy bekasi sifatida menda katta taassurot uyg‘otding. Senda mehmonnavozlikning iliq va quvonchli muhitini yaratish qobiliyati beqiyos!” Yoki: “Bizning ajoyib uyimiz bor. Sen har narsani nozik farqlab e’tibor qaratasan, shu bois ular g‘aroyib bo‘lib ko‘rinadi. Men sen bilan faxrlanaman!” Sevgan kishingizning qilgan ishlari yaxshi ekanligini ma’qullagan holda, shuningdek, muvaffaqiyatiga sabab bo‘lgan sifatlarini ham aytib o‘tib, siz uning o‘zini yolg‘iz sezmasligiga va bir–birlaringiz bilan yanada yaqinroq bo‘lishlaringizga yordam bergan bo‘lasiz.

Qo‘llab–quvvatlashga bo‘lgan ehtiyoj.

Zimmamdagi og‘irlikni baham ko‘rish, qiyinchilik yoki muammolarni hal etish uchun yonimda bo‘lganingda, men qo‘llab–quvvatlashni his etaman (qarang: Galatiyaliklar 6:2)

Ba’zan qo‘llab–quvvatlash qandaydir jismoniy va moddiy tarzda namoyon bo‘ladi – misol uchun, Mavlud bayrami o‘yinchoqlarini chordoqdan olib tushishga yordam berish, jihozlarni ko‘chirish, mashinani yuvish, bog‘da begona o‘tlarni sug‘urib tashlash, idishlarni yuvish va hokazolar. Qo‘llab–quvvatlash – yoningizdagi inson bilan uning zimmasidagi yukni baham ko‘rish. Qo‘llab quvvatlash – bu shuningdek, birgalikda hissiy yukni yoki oilaviy zahmatlar og‘irligini ko‘tarish. Aytaylik, turmush o‘rtog‘ingizni hamkasbi bilan munozarali vaziyatda qo‘llab–quvvatlash, oilaviy byudjetga bog‘liq muammoni hal etish uchun qaror qilish yoki bolangizning tartib–intizomi va saboq olishga bo‘lgan ehtiyojiga ahamiyat qaratish. Qo‘llab quvvatlash qiyin vaziyatda yelka tutishga tayyorlikni anglatadi.

Misol uchun, dalda beruvchi so‘zlar shunday bo‘lishi mumkin: “Men yoningda bo‘lib senga yordam bermoqchiman. Mashaqqatlaringni yengillatish uchun nima qilishim mumkin?” Ba’zan qo‘llab–quvvatlash biz sevimli insonimiz uchun nimadir qilishimiz yoki u bilan birgalikda uning o‘ziga yordam berishda namoyon bo‘ladi. Boshqa holatlarda esa qo‘llab–quvvatlash sevimli insonimizning arzlarini shunchaki eshitib, uning hayotida kechayotgan hodisalarga hamdardlik bildirib o‘tirish demakdir. Biz dalda berganimizda sevgan insonimizga yaqinlashamiz va harqalay oz bo‘lsada, uning yolg‘izligini yumshatamiz.

E’tirof etilishga bo‘lgan hissiy ehtiyoj.

Meni maqtab, yutuqlarim va hattoki biror oddiy harakatim uchun ham minnatdorchilik bildirganingda, men o‘zimni rag‘batlantirilganimni his qilaman (qarang: 1 Korinfliklar 11:2).

Sevgan insonimizni hech qanday shartlarsiz qabul qilganimizda, shunday degandek bo‘lamiz: “Bor ekanliging uchun senga rahmat”. Biz unga o‘zimizning minnatdorchiligimizni bildirganimizda, go‘yo shunday deymiz: “Sen qilayotgan ishlar juda muhim!” Bu sevimli insonimizga o‘z ahamiyatini his etish tuyg‘usini beradi, ya’ni, u qadrli inson va uning qilayotganlari o‘z holicha biz uchun muhim hamda biz tarafimizdan tan olingan. Bu unda shunday fikrni uyg‘otadi: “ Men kim uchundir ahamiyatli ekanman!”

Minnatdorchilik so‘zlari – hurmatni bildirishning eng yaxshi usullaridan biridir. Qalbdan aytilgan “rahmat” ba’zan minnatdorchiligimizni tub–tubigacha ochib berishi mumkin: “Azizam, ajoyib tushlik uchun rahmat senga”, “Men bugun o‘zimni juda yaxshi his qilayotganim uchun senga rahmat”, “Mashinani yuvishimga yordam berganing uchun rahmat”. Minnatdorchilik so‘zi boshqa birovning huzurida aytilganida yanada ko‘proq ahamiyat kasb etadi. Mayli, o‘z turmush o‘rtog‘imizni maqtaganimizni bolalarimiz, qarindoshlarimiz va do‘stlarimiz eshita qolishsin. Bu unga yolg‘izlikni his etmaslikka va o‘rtalaringizda alohida bir yaqinlikni his qilishga yordam beradi.

Hurmatga bo‘lgan hissiy ehtiyoj.

Sen mening qarashlarimni qadrlaganingda va muhim inson deya hisoblaganingda, men o‘zimni hurmatli inson deb bilaman (qarang: 1 Butrus 12:10).

Bizda o‘zimizni qadrlashlari va ahamiyatli odamlar deb hisoblashlarini his qilishga ehtiyoj bor. Bizga ko‘rsatilgan hurmat qadrimizni anglatadi va biz buning madadi bilan boshqa insonga hurmat ko‘rsatamiz. Biz turmush o‘rtog‘imiz fikrlarini qadrlaganimizda, istaklarini topishga uringanimizda va hattoki shaxsiy qoidalariga amal qilganimizda hurmatimizni his qiladi. Biz ularning qandaydir muammoga nisbatan qarashlariga qiziqish bildirganimizda yoki biror–bir vaziyatga qanday yondashishlarini aniqlaganimizda hurmatimizni namoyon etamiz.

 Turli odamlar o‘zlarini turlicha tarzda hurmatga sazovor deya his qilishadi. Eringizdan uning fikrini so‘raganingizda hurmatingizni his qilishi mumkin. Rafiqangiz kechiktirmay biror ishni qilishiga va o‘z vaqtida ulgurishiga, vaqtiga va rejalariga e’tibor berganingizda, shuningdek, uning shaxsiy muhitini ehtiyot qilganingizda hurmatingizni his qilishi mumkin. Hurmatni o‘sha odam qadrlaganida u yanada kuchliroq ta’sirga ega bo‘ladi. Agar eringiz ijodiy fikrlaydigan odam bo‘lsa, siz uning X, Y yoki Z bo‘yicha fikrlarini bilishga urinsangiz, u sizning hurmatingizni tezroq his qiladi. Agar xotiningiz moliyaviy masalalarda talabchan bo‘lsa, siz oila byudjetini mahkam tutsangiz, u hurmatingizni ko‘proq his qiladi. Sevimli insonimizga har qanday yo‘l bilan hurmat ko‘rsatib, biz u bilan qalban yaqinlashamiz, bu esa bizning munosabatlarimizni mustahkamlaydi.

Sevgiga bo‘lgan hissiy ehtiyoj.

Sen yoqimli so‘zlar va mayin tegishlaring bilan menga g‘amxo‘rlik ko‘rsatganingda, yaqinligimizni his etaman ( qarang: Rimliklar 12:10).

Biz yoqimli so‘zlar va mayin erkalashlar yordamida sevgini his qilish ehtiyoji va qobiliyati bilan yaratilganmiz. Yumshoqqina qo‘l tekkazish va iliqqina quchoqlash “sen sevimlisan” ma’nosini bildiradi. Turmush o‘rtog‘imizning erkalanishga bo‘lgan ehtiyojini qondirib, biz u bilan mustahkam hissiy aloqalarni qo‘llab–quvvatlashda davom etishimiz mumkin.

Ayrim odamlar hissiy va jismoniy aloqada ehtiyojni boshqalardan ko‘proq his qilishadi. Men doimo xotinining qo‘lidan tutib, belidan quchoqlaydigan, o‘zidan bir qadam uzoqlashtirmaydigan bir erkakni bilardim. Jismonan daxl etib turish – u sevgini shu tariqa tushunardi, shu bois hamisha xotinini jisman his qilib turishni istardi. Ammo xotini uchun bu hech narsani anglatmasdi. Qanchalik g‘alati tuyulmasin, erning jismoniy munosabatlarga bo‘lgan ehtiyoji o‘zining hissiy ehtiyojlariga qarshi ishlardi, negaki xotini unga shu tariqa javob qaytarmasdi.

Turmush o‘rtog‘ingiz yoqimli so‘zlarga va mayin erkalashlarga moyil ekanligini sizga his–tuyg‘ularingiz bildirganida, bu hissiy ehtiyojni qondirish uchun tashabbus ko‘rsatishingizga to‘g‘ri keladi. Hissiyotlarning bu tarzda namoyon bo‘lishi sizga sevimli insoningiz bilan yaqin jinsiy aloqalaringizning boyishiga yordam beradi. Boshqa holatlarda esa romantik sayrlar qilib, sokin oqshomlarni musiqa tinglab yoki teleko‘rsatuvlar tomosha qilgan holda birgalikda o‘tkazib, bundan kam bo‘lmagan darajada huzurlanish mumkin.

Dalda berishga bo‘lgan ehtiyoj.

Sen meni ruhlantirib, buyuk maqsadlar sari ilhomlantirganingda, men daldani va hattoki g‘ayrat–shijoatni his qilaman (qarang: Ibroniylar 10:24).

Umidsizlik, g‘amginlik va omadsizliklar ham hayotimizning bir qismi. Ularni boshdan kechirib, biz daldaga muhtojlik sezamiz, ayniqsa nimanidir e’tiborimizdan yo‘qotganimizda yoki maqsadga yetmay qolganimizda. Bizni kimdir ruhlantirib, o‘zimizga bo‘lgan ishonchni qaytarganida va umid baxsh etganida madadkor so‘zni eshitishdan xursand bo‘lamiz.

Boshqa insonga dalda berishning eng yaxshi usullaridan biri bu unga ishonch bildirishdir. “Men bilaman, sen hozir murakkab davrlarni boshdan kechiryapsan, biroq men senga ishonaman”, kabi so‘zlar nihoyatda ruhlantirib yuborishi mumkin. Turmush o‘rtog‘imizning daldaga ehtiyojlarini hatto uning diqqatini boshqa tarafga qaratish orqali ham qondirish mumkin: “Biror joyda tushlik qilgach, birorta qiziqarli film ko‘rish uchun kinoga borishga nima deysan?”

Sevimli insonimizning ruhi tushib, g‘amga botganida, bu pallada u chindan ham daldaga muhtoj bo‘ladi. Uning ruhini ko‘tarish uchun g‘amxo‘rlik va e’tibor bilan dalda berib, o‘zini yolg‘iz deya his qilmasligiga va o‘rtalaringizda alohida bir yaqinlikni his qilishiga yordam berasiz.

Himoya qilinganlikka bo‘lgan hissiy ehtiyoj.

Nimanidir yo‘qotish qo‘rquvini yoki ehtiyojlarimni hayotimdan bartaraf qilish uchun qadamlar tashlaganingda, men o‘zimni xavfsizlikda deya his qilaman. Har qanday holatda ham munosabatlarimiz doimo mustahkam bo‘lib qolishini menga ayon etganingda, o‘zimni xavfsizlikda deya his qilaman (qarang: 1 Yuhanno 4:18).

Biz yuqorida keltirib o‘tgan ehtiyojlar hozirgi paytga aloqador. Ammo, himoya qilinganlik uchun ehtiyoj ko‘proq kelajak uchun talab etiladi. Ayni palladagi ehtiyojimiz qoniqtirilganida dalda berish, sevgi va qabul qilish kabi qoniqish hislarini tuyamiz. Ayni damda biz o‘zimizni jismoniy xatardan va cheklovlardan xavfsizlikda his qilishimiz mumkin. Ammo shu bilan birgalikda, kelajakdagi turli xatarlar oldidagi qo‘rquv hissidan xalos bo‘lishga ham ehtiyoj sezamiz. Biz kelajakda ham o‘zimiz haqimizda g‘amxo‘rlik qilishlariga ishonganimizda, o‘zimizni xotirjam his qilamiz.

Biz turmush o‘rtog‘imiz hayotida jismoniy va moddiy himoyalanganlik hissini umumiy kelajagimizni birgalikda qurish rejasi hamda oilamiz moliyasini hamjihatlikda taqsimlash bilan mustahkamlashimiz mumkin. Biz uning hissiy xavfsizligini sadoqatimiz sharofati va munosabatlarimizga qat’iyatimiz bilan ta’minlashimiz mumkin. “Men seni sevaman va nimaiki bo‘lmasin, hamisha seni sevaman” so‘zlarida ifoda etiladigan tuyg‘uni biz turlicha usullar orqali yetkazishimiz mumkin. Umr yo‘ldoshingizning himoya qilinganlik ehtiyojini qondirish sizlarni yanada kuchliroq tarzda bir–birlaringizga bog‘laydi va munosabatlaringizni chuqurlashtiradi.

Sevimli insonni anglash va uning mavjud ehtiyojlarini qondirish munosabatlaringizda katta yaqinliklarga olib keladi.

Sizning bunga intilishingiz chuqur anglangan va maqsadga yo‘naltirilgan bo‘la qolsin – turmush o‘rtog‘ingizning taskin topishida (ishtirokda), qabul qilishda, e’tiborda (g‘amxo‘rlikda), ma’qullashda, qo‘llab–quvvatlashda, tan olinishda, hurmatda, sevgida, g‘ayratlantirishda va himoya qilinganlikdagi ehtiyojlarini qondirishni orqaga surmang. Biroq, hayotda turmush o‘rtog‘ingizni anglash qanchalik muhim bo‘lmasin, uning sizni anglab olishi ham shunchalik muhim hisoblanadi.

SEVIMLI INSONINGIZ SIZNI ANGLAB OLISHIGA IZN BERISH HAQIDAGI QAROR

 CHad butun kuchini ishga bag‘ishlagan holda ishxonasida uzoq o‘tirib qoldi. Uyga qaytganida esa ish haqida unutishni va boshqa narsaga diqqatini qaratishni istardi. CHadning gapiga ko‘ra, xotini Lesli bilan ish haqida gaplashishdan boshqa muhim mavzu yo‘q edi, shu bois asosan xotinining xizmatdagi ishlari va kayfiyati doirasida suhbat qurishdi. Ularning maktabga endigina qatnay boshlagan ikkita farzandlari bor edi.

Lesli gapirayotganida, CHadning diqqat bilan tinglashidan mamnun bo‘lardi, nazarida, eri uni sevadigandek edi. Ammo, uning o‘zi tushuntirganidek, “biz CHad bilan o‘n yildan buyon er–xotinmiz, lekin u bilan haqiqiy yaqinlikni his qilgan emasman. U xuddi meni o‘z hayotiga kiritmayotgandek. Gap uning mendan yashirin qandaydir sirlari borligi yoki shu kabi holatlarda emas, – u men bilan his–tuyg‘ularini baham ko‘rmaydi, xolos”.

CHad esa xotiniga qalbini ochishning uddasidan chiqolmayotganini aytadi – u xotiniga qalbidagi borini aytayotganida o‘zini noqulay sezadi. Uning o‘zi aytganidek, “hoynahoy, men har qanday holatda ham ko‘z yoshi qilmaydigan yigitlardan bo‘lsam kerak. Yo‘q, o‘z tuyg‘ularim haqida gapirishni istamayman”.

O‘z qalbini ochishga juda kam hollarda qaror qiladigan va o‘z tuyg‘ularini baham ko‘rishdan avval yaxshi o‘ylab ko‘radigan odamlar bor. Bu tushunarli: ichki olamingni kimgadir ochayotganingda ehtiyot bo‘lish kerak, negaki ayrim odamlarga ishonib bo‘lmaydi, aks holda qalbing jarohatlanib qolishi mumkin, ammo bu oila ichidagi munosabatlarga daxldor emas. Toki siz qat’iyatsizligingizni yengib o‘tmas ekansiz, vazminligingiz va ehtiyotkorligingiz nikohdagi hissiy yaqinlikni his qilishingizga yo‘l qo‘ymaydi, o‘zaro yaqinlik esa sevimli insoningizni nafaqat anglashingizni, balki u sizni anglab yetishiga ham izn beradi.

SHoh Sulaymon Xudo haqida shunday degan: “U to‘g‘ri odamga hamroh bo‘ladi” (Hik. 3:32). Ushbu oyatdagi munosabat qadimgi yahudiychada “nozik (yoki shaffof) kashfiyot” ma’nosini anglatadigan sod so‘zidan kelib chiqqan. Boshqacha qilib aytganda, Xudo O‘z do‘stligini – O‘zini “kashf” etishni – taqdovor insonga taklif etadi. U O‘zini bizga O‘z O‘g‘li, Iso va Muqaddas Ruh orqali ochib bergan. U biz Uni anglashimizni va U orqali yaqin munosabatlarimiz bo‘lishini istaydi.

Agar siz g‘aroyib darajadagi sevimli bo‘lishni istasangiz, o‘z ichki olamingizni ochib, shaffof va nozik bo‘lishingiz lozim. Bu hamisha ham oson emas, ayniqsa CHadga o‘xshagan insonlar uchun. Negaki, CHad qo‘pol va asabiy ota nimani o‘ylashi va nimani his qilishini hamisha ko‘rsatib turgan oilada katta bo‘lgan. Unga o‘z tuyg‘ularini erkin namoyon etishiga izn berilmagan, shu bois u bolalik chog‘idayoq his–tuyg‘ularini bo‘g‘ib qo‘yishga o‘rgangan. Endi ma’lum bo‘lishicha, o‘zi nimani his qilayotganini tushunishga qiynaladi, o‘z tuyg‘ularini rivojlantirish haqida esa gapirmasa ham bo‘ladi.

Umidlaringiz, intilishlaringiz, reja va kutishlaringiz borasidagi “shaffof”lik tavakkal bo‘lishi mumkin, bu hattoki me’dangizga urgandek bo‘lib tuyuladi. Biroq buning uchun tavakkal qilsa arziydi.

Agar siz sevimli insoningiz bilan yumshoq bo‘lishga ahd qilmasangiz, eng avvalida “shaffof” va o‘z aloqalaringizdagi qo‘rquvda ochiq bo‘ling. Sevimli insoningizga nihoyatda samimiy bo‘lishdan qo‘rqishingizni ochiq ayting va nima uchunligini tushuntiring. Unga bu qo‘rquvning manbasiga tegib ko‘rishiga ijozat bering. O‘z qo‘rquvingizni tashqariga, ochiqlikka olib chiqing. Agar siz o‘z turmush o‘rtog‘ingizga qo‘rquvini ochiq bildirishi uchun yordam bersangiz, bilib qo‘ying: siz uning qo‘rquvdan xalos bo‘lishida juda muhim ahamiyat kasb etishingiz mumkin. Siz sevimli insonini qabul qilib hech qanday shartlarsiz sevadigan ishonchli kishi sifatida bu qo‘rquvni tarqatishingiz mumkin. Muqaddas Kitobda nimalar deyilganini eslab ko‘ring: “komil sevgi qo‘rquvni quvib chiqaradi” (1 Yuh. 4:18).

Sizning yaqinlikka intilishingiz – ikkiyoqlama jarayon. U siz sevadigan insonning shaxsiyatini chuqur tadqiq qilishni hamda sevimli insoningiz o‘z umidlari, qo‘rquvlari, quvonch va hissiy ehtiyojlari bilan o‘zida nimani aks ettirishini ko‘proq ochib berishga va’da qiladi. Mazkur jarayon shuningdek, sevimli insoningiz uchun “shaffof” bo‘lganingizda, kimligingizni va barcha umidlaringizni, qo‘rquv, quvonch va hissiy ehtiyojlaringizni ochib tashlaganingizda u sizni anglashi uchun ochilishingizni anglatadi. Agar buni birgalikda bir–biringizni anglagan holda qilsangiz, sevimli insoningizning yolg‘izligini biroz kamaytirgan va munosabatlaringizda alohida bir yaqinlik yaratgan bo‘lasiz.

Biroq yaqinlikning yana bir o‘lchovi bor, bu esa sevimli inson bilan hayotda yakdil qadam tashlashga bevosita bog‘liqdir.

SEVIMLI INSONINGIZ HAYOTIDA ISHTIROK ETISHGA QAROR QILISH

SHoh Dovud shunday deb yozgan: “Ey Egam, meni O‘zing sinab ko‘rib bilgansan, <…> ... Barcha yo‘llarim Senga oyday ravshandir” (Zabur 138:1, 3). Qadimgi yahudiycha sakan so‘zi bu o‘rinda “bilmoq” deya tarjima qilingan bo‘lib, o‘zida chuqur jalb qilish g‘oyasini aks ettiradi. Dovudning ilohiyotga oid bilimi yuzaki va ma’lumotlar yig‘indisidan iborat bilimlardan ko‘ra yuqori edi: Xudo shohning hayotida teran ishtirok etardi.

Sevimli kishingizning hayotiga jalb etilishingiz sizni munosabatlardagi chuqur yaqinlikka olib keladi, bu esa turmush o‘rtog‘ingizning hayotiga ongli ravishda kirib faoliyati va qiziqishlarini o‘zaro bo‘lishgan holda yashashni anglatadi.

Men uyga qo‘ng‘iroq qilganimda eng avvalo Dottini tinglashga qaror qilganimni aytib o‘tgandim. O‘z hayotimda kechayotgan voqealarni so‘zlab berish o‘rniga rafiqamni tinglamoqchi bo‘ldim. Buning uchun Dottining hayotida sevimli inson sifatida qatnashish, uning olamiga kirish uchun qaror qilishimga to‘g‘ri keldi. Tushunyapsizmi, biz go‘yo ikkita turli olamlarda yashardik. U har kunlik oilaviy majburiyatlarni zimmasiga olib, uyda bolalar bilan yashardi. Men esa mamlakat bo‘ylab turli shaharlarda har oqshom va’z o‘qib, doimiy safarlarda bo‘lardim. Agar biz bir–birimizning hayotimizda chuqur ishtirok etish uchun bir qarorga kelmaganimizda, bunday ahvol munosabatlarimizni osongina barbod etib qo‘ya qolardi.

Biz hayot yo‘lidan birga borishga qaror qildik, shu bois Dotti va men munosabatlarimizda chuqur yaqinlik tuyg‘usini his qilamiz. Biz bolalarni birgalikda tarbiyalab, mas’uliyatni bo‘lishib oldik. Albatta, bu oson bo‘lgan emas, negaki men uyda ko‘pincha bo‘lmasdim, lekin biz barcha muhim qarorlarni birgalikda qabul qilganmiz. SHuningdek, biz Xudoga xizmatning mashaqqatlarini va u bilan bog‘liq bo‘lgan yutuqlarni ham birga baham ko‘rganmiz. Dotti mening hayotimga Xushxabar o‘gitlariga bog‘liq holda kirib keldi hamda uning quvonch va sinovlarini men bilan birgalikda boshidan kechirdi. Bizning birgalikdagi sayohatimiz buyuk sarguzashtga aylandi. Bu hozirda ham shunday.

Siz nima bilandir band odamlarning qizg‘in hayotida yashayapsiz va hayotingizni yengillatish uchun turli texnika yangiliklarini qanchalik ko‘p kiritsangiz, u shunchalik keskin tus oladi. Agar ehtiyot bo‘lmasangiz, bu mashg‘ulotlar orasida turlicha ishlarning kundalik tashvishlari faqat o‘zingizga, ya’ni shaxsan o‘zingizga nima kerak ekanligiga diqqatingizni majburlaydi. O‘zingiz sevgan insonning hayotida chuqur ishtirok etishga qaror qilib, bunday an’anaga bo‘yin egmang. SHu tarzda yo‘l tutganingizda, ikki inson o‘rtasidagi haqiqiy yaqinlikni o‘zida namoyon etadigan g‘aroyib bir sevimli insonga aylanasiz.

Sevgan insoningizni chindan bilishga qaror qiling. O‘zingiz uchun uning hayotidagi umid, qo‘rquv va quvonchlarni kashf eting. Siz bilan munosabatlaridagi hissiy ehtiyojini tushuning va ularni qoniqtirishga urining. SHuningdek, sevimli kishingizga sizni to‘liq bilib olishiga imkon bering. “SHaffof” va nozik bo‘lgan holda ochiling va unga o‘z hayotingizdagi umid, qo‘rquv va quvonchlar haqida aytib bering. O‘z hissiy ehtiyojlaringizni baham ko‘rayotganingizda, ochiq bo‘ling va sevimli insoningiz hayotingizga kirganida ehtiyojlaringizni qondirishiga izn bering. Va nihoyat, sevimli insoningizning olamini ochishga va bu olamda chuqur ishtirok etish uchun qaror qabul qiling. Sevimli insoningizning qiziqishlarini o‘zingizniki qilib oling va hayotda birga qadam tashlang. Bu chin yaqin munosabatlar uchun to‘g‘ri yo‘l. Bu aslida haqiqiy sevgining siridir.


Книга на Узбекском языке: 10 рецептов счастья в браке (Джош Макдауэлл)

Брачные обеты… на этом обычно заканчиваются любовные романы, но это не конец вашей любовной истории, а лишь начало совместного пути с любимым человеком. В этой книге знаменитый американский проповедник рассказывает о десяти решениях, принятых им ради того, чтобы сохранить свежесть и яркость чувств в браке с любимой женщиной. Практические рекомендации, которые автор дает на основе библейского учения и личного опыта, будут полезны и молодоженам, и супругам со стажем, желающим сделать свой брак счастливым и долговечным. Читателей ждет бонус: тест на определение своих эмоциональных потребностей.



Shu bobni eshitish:


AUDIOKITOB ►
butun kitobni tinglang

Kitoblar

Qaysi kitoblarni tinglashni istaysiz?
Qaysi kitoblarni tinglashni istaysiz?

docs.google.com/forms

Xush kelibsiz!

Яхши аудио Китоблар
Audiokitoblar Uzbek tilida


Kinolar va Multiklar
Kinolar Uzbek tilida


Audiokitob - Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd
Audiokitob Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd


Аудио Кутубхона
Audiokitob Uzbek tilida

Telegram bot: @audio_kito_bot
Kanal: @kitoblar_elektron_uz



Sharhlar

...ҳар куни — байрамнинг биринчи кунидан охирги кунигача Худонинг Таврот китобидан ўқиб берди...

...kunidan oxirgi kunigacha Xudoning Tavrot kitobidan o‘qib berdi...
Naximiyo 8:18



Yaxshi audio kitoblarni yuklab oling uzbek tilidagi

Фарзандингиз учун қай тариқа чўпон бўлиш мумкин? (Тед Трипп)    Энага яна ёрдамга шошади (Мишель Лароу)    Сандон устида (Макс Лукадо)  Гувохлик ва биография (Николай Бойко Ерофеевич)    Турмуш ўртоғингиз нотўғри ёъл тутганда, Сиз тоғри ёъл тудинг (Лесли Верник)    Матонат соҳиби (Джош Макдауелл)    Бахтли оила (Абдулла Рашидов)    Zamonamiz durdonasi (Nikolay Boyko)    Худди Исо Каби (Макс Лукадо)    Уни Нажоткор деб аташлари таажжубли эмас (Макс Лукадо)    Дарбадар ўгилнинг қайтиши (Генри Нувен)    Худо жуда яқин келди (Макс Лукадо)    Эски Аҳд аёллари ҳақида вазлар (Чарлз Спержен)    Iso bizning taqdirimiz (Vilgelm Bush)    Сиз осмонда қилолмайдиган иш (Марк Кехилл)    Дарбадар ўғил (Чарлз Спержен)    Ҳомиладорлигим кундалиги (Вера Самарина)    Иброҳимнинг оиласи: парчаланган шажарани шифолаш (Дон Мак-Керри)    Зулматдаги нур (Доктор Джеймс ва Ширли Добсон)    Митти Тиллақўнғиз ва Серқуёш ўтлоқзор аҳолиси (Майя Огородникова)    Подшоҳнинг сири  (Урусла Марк)    Яна қароқчилар қўлидами? (Урусла Марк)    Қароқчиларникидай  эмас (Марк Урусла)    Эътиқод уфқлари (Георгий Винс)    (Биродар Андрей ва Алекс Янсен) Сирли масиҳийлар    Масиҳийлик таълимоти асослари (Роберт Спраул)    Ҳаёт бўронларига бардош беринг (Пол Эстебрукс)    Абадийликка ишонаман (Николай Ерофеевич Бойко)    Ўсмир ибодатининг кучи (Сторми Омартиан) kitob Uzbek tilida    Чегарасиз хает (Ник Вуйчич) kitob Uzbek tilida    Севимли инсоннинг ҳаёти (Генри Нувен) kitob Uzbek tilida    Довюраклар (Макс Лукадо) kitob Uzbek tilida    Бирга қилинган ибодатнинг қудрати (Сторми Омартиан) kitob Uzbek tilida    Хузур халоват амрлари (Джон Макартур) kitob Uzbek tilida    Саботли инсон (Джош Макдауелл) kitob Uzbek tilida    Shijoatkor (Nik Vuychich) kitob Uzbek tilida    Мақсад Сари Йўналтирилган Ҳаёт (Рик Уоррен) kitob Uzbek tilida    Чалғитиш номли душман (Джон Мэйсон) kitob Uzbek tilida    Мафтункор Гўзаллик (Джон ва Стейси Элдридж) kitob Uzbek tilida    Севги ва ҳурмат (Эмерсон Эггерих) kitob Uzbek tilida    Ayollar... (Nensi Demoss) kitob Uzbek tilida    Хакиат асоси (Джон Стотт) kitob Uzbek tilida    ИБОДАТГЎЙ АЁЛНИНГ КУЧИ (СТОРМИ ОМАРТИАН) kitob Uzbek tilida    ТЎҒРИ ҚАРОР (Джош ва Дотти Макдауэлл) kitob Uzbek tilida    Нега? (Филип Янси) kitob Uzbek tilida    Hayotdagi yetakchilik va ijodiy salohiyat (Rik Joyner) kitob Uzbek tilida    Ishayo 53 sharxlar (Mitch Gleyzer) kitob Uzbek tilida    Xudoga qay tarzda manzur bolish mumkin (Robert Charlz Spraul) kitob Uzbek tilida    Mukaddas ruxning siri (Robert Charlz Spraul) kitob Uzbek tilida    Ota-ona ibodatining kuchi (Stormi Omartian) kitob Uzbek tilida    Muhabbat tilsimi (Djosh Makdauell) kitob Uzbek tilida    Xudoning qalbiga mos erkak (Jim Jorj) kitob Uzbek tilida    Enaga yordamga shoshadi (Mishel Larou) kitob Uzbek tilida    Bolaning nazaridagi qahramon (Djosh Makdauell) kitob Uzbek tilida    G‘alamisning xati (Klayv Steyplz Lyuis) kitob Uzbek tilida    Dolzarb Savollarga Javoblar (James Paker) kitob Uzbek tilida    kitob Uzbek tilida    kitob Uzbek tilida    kitob Uzbek tilida    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Bolalar Audiokitob Uzbekcha    Bolalar kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Hamdu Sanolar Uzbekcha    Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musika



Kitobook – Kitoblar, AudioKitoblar: Инжил ва Muqaddas Kitob ва Инжил Каракалпак