Nikohdagi Baxtning 10 Retsepti (Josh Makdauell) 9 bob

Джош Макдауэлл. Никоҳдаги Бахтнинг 10 Рецепти - (9-боб) Узбек тилида

Nikohdagi Baxtning 10 Retsepti (Djosh Makdauell) Audiokitob Uzbek tilida.Книга на Узбекском языке

                         

MUNDARIJA

Kirish

1–BOB. SIZ SEVGI MUNOSABATLARIDAN NIMANI ISTAYSIZ?

2–BOB. BIRINCHI QAROR. Hayotda Xudoni birinchi o‘ringa qo‘yish

3–BOB. IKKINCHI QAROR. Men qanday bo‘lsam, o‘zimni shundayligimcha sevish va qabul qilish

4–BOB. UCHINCHI QAROR. G‘aroyib darajada sevimli bo‘lish. Birinchi qism

5–BOB. UCHINCHI QAROR. G‘aroyib darajada sevimli bo‘lish. Ikkinchi qism

6–BOB. TO‘RTINCHI QAROR. Ajoyib tinglovchi bo‘lish

7–BOB. BESHINCHI QAROR. Muloqot san’atini egallash

8–BOB. OLTINCHI QAROR. Qabul qiladigan, sadoqatli va doimiy sevgini namoyon etish

9–BOB. YETTINCHI QAROR. Kelishmovchiliklarni tezda hal etish

10–BOB. SAKKIZINCHI QAROR. Hamisha kechirish

11–BOB. TO‘QQIZINCHI QAROR. Oilaviy byudjetga jiddiy yondashuv

12–BOB. O‘NINCHI QAROR. O‘z tuyg‘ularining tozaligi va yorqinligini asrash


9–BOB. YETTINCHI QAROR

KYELISHMOVCHILIKLARNI TEZDA HAL ETISH

U o‘zining g‘azabini bosolmay, oxir–oqibat Jenniferga tashlandi. Oliver uni sevardi va unga azob berganini tushundi, shu bois darhol kechirim so‘rashga tushdi. Biroq Jennifer uning gapini bo‘lib shunday dedi: “Sevgi – bu hech qachon “meni kechir” deb aytmaslik”.

Bu jumla barcha yaxshi biladigan, 1970 yilda suratga olingan “Sevgi tarixi” filmidandir. Bu jumlani o‘n ming marotabalab qayd etishgan va masxara ham qilishgan. Bunda nazarda tutiladiki, agar hech qachon “meni kechir” deb aytishga to‘g‘ri kelmaydigan sevgingiz bo‘lsa, demak, kelishmovchiliklar bo‘lmaydi. Biroq bu hol siz o‘zingizni mukammal inson deb bilishingizni yoki hech qanday his–tuyg‘uni sezmaydigan robot bilan yashayotganingizni bildiradi. Agar siz mavjud olamda yashayotgan bo‘lsangiz, o‘zingiz sevgan inson bilan nizoli vaziyatlarga tushib qolishingizga va nohaq ekaningizni tan olishga to‘g‘ri keladi. Nohaqlikni tan olish esa muammoni hal etishning bir qismidir.

Odamlar bir–birlariga o‘xshamaslik holatining o‘ziyoq muqarrar kelishmovchiliklarga sabab bo‘ladi. Biz munosabatlarga o‘z o‘tmishimizni, turlicha qarashlarni va hissiyotlarni, ba’zan esa turli madaniyatlarni olib kiramiz, bu esa mutlaqo tabiiyki, ixtiloflarni qo‘zg‘aydi. Sizlar ikkita jins vakillari ekanligining o‘ziyoq kelishmovchiliklarni kuchaytiradi. Bir oilaviy maslahatchi aytganidek, “nikohni baxtsiz qiladigan ikkita sabab bor – bu erkaklar va ayollar”.

Biz biror insonni uchratib va sevib qolib, u bilan oila qurishni rejalashtirganimizda muayyan umidlarimizni ongimiz tubida shakllantiramiz. Bu inson bizning barcha umidlarimizga to‘g‘ri kelishini kutish mutlaqo noo‘rin. Umidlarimiz o‘zini oqlamaganida, bizning hafsalamiz pir bo‘ladi va hattoki g‘alva ko‘tarishni boshlaymiz. Agar mukammal er va mukammal xotinlar bo‘lsa bu naq mo‘‘jizaning o‘zi bo‘lardi, lekin ko‘pincha shunday bo‘ladiki, insondagi biz o‘ylab topgan yoqimli jihatlar va u aslida qanday ekanligi o‘rtasida katta farq yotadi.

Fe’l–atvorlarning to‘g‘ri kelmasligi, amalga oshmagan orzular va bizning inson ekanligimiz shuni anglatadiki, ertami yoki kech o‘rtamizda nizo kelib chiqadi, demak, kelishmovchiliklarning borligi muammo emas. Oilaning mustahkamligini tekshiradigan haqiqiy test – nizolar bizning munosabatlarimizni buzmasdan avvalroq va tezroq ularni bartaraf etishga layoqatimiz bor yoki yo‘qligini tekshirib ko‘rishdir.

Siz “munosabatlarni hoziroq va butunlay uzgandan ko‘ra muammolarni hal etish afzalroq” qoidasiga amal qilsangiz, sevishga ahd qilish va muammolarni bartaraf qilishga erishish mumkin. Zero, nikohning asosiy qoidasi shuni anglatadi: “hech qanday vaziyatda ham aloqalarni uzmagin”.

Ijtimoiy so‘rovlarning birida mingdan ortiq kishi “Sizningcha, nima uchun bugungi kunda ajralishlar soni ko‘paymoqda?” savoliga javob berishdi. Ishtirokchilar yosh toifasiga qarab o‘n sakkiz yoshdan qirq to‘qqiz yoshgacha va ellikdan yuqori yosh qilib ajratilgandi. Qizig‘i shundaki, ikki yosh toifasi orasida yakdillik bor edi – yoshi ellik va undan oshganlarning 43 %, ellik yoshgacha so‘rovda qatnashganlarning 47 % shunday javob qaytarishdi: “Nikoh hozirda avval bo‘lganidek, jiddiy qabul qilinmayapti”.

Oilaviy munosabatlarni hozir va kelajakda ham saqlashga qat’iy qaror qilish mustahkam nikohning asosiy shartidir, u esa kelishmovchilik holatlarini tezroq hal etishni talab qiladi. Siz bir oila sifatida har qanday ixtilofni zarur bo‘lganida muhokama qilib o‘tirmasdan hal etishga rozi bo‘lishingiz kerak. Agar farzandlaringiz bo‘lsa, ularga oilalari hamisha mustahkam bo‘lishiga ishonch bag‘ishlang – ularga hamisha oila bilan qolishingizga qat’iy ishonchingiz borligini tushunishlariga yordam bering.

O‘g‘lim SHon olti yoshda bo‘lgan paytida bir kuni maktabdan uyga kelganida, kayfiyati yo‘qligini payqadim.

Men undan nima bo‘lganligini so‘radim.

– Hech narsa bo‘lgani yo‘q, dada, – javob berdi u.

Biz SHon bilan hamisha bir–birimizni yarim gapdanoq tushunganmiz, shu bois uni qo‘yib yubormadim:

– Xo‘sh, ayta qolsangchi, senga nima bo‘ldi o‘zi?

U tutilib qoldi, keyin esa so‘radi:

– Dada, siz onamni tashlab ketmoqchimisiz?

Men qachondir shunday savol berilishini albatta kutgandim.

– Nega sen bu haqda so‘rayapsan? – deya uning fikrini bilmoqchi bo‘ldim.

SHon uchta do‘stining otalari ularning onalari bilan ajrashganlarini va u ham mening shunday yo‘l tutishimdan qo‘rqishini aytdi.

SHonni yonimga o‘tqazib ko‘zlariga tikilgancha shunday dedim:

– SHu narsani qat’iy bilib olishingni istayman. Men onangni juda qattiq sevaman. Men unga sodiqman va hech qachon uni tashlab ketmayman, gap tamom–vassalom.

Mening olti yoshli o‘g‘lim yengil tin olib, javob tariqasida jilmaydi:

– Rahmat, dada.

O‘sha damlarda SHon uchun o‘ziga yoki onasiga bo‘lgan sevgimga ishonch emas, balki oilaning barqarorligiga bo‘lgan ishonch zarur edi. Bu esa ongli ravishda otang va onang bir–birlarini sevishlari va mustahkam nikohda qolishga qat’iy ahd qilganlari tufayli yuzaga keladigan ishonch edi. SHon ham boshqa farzandlarimiz kabi dadasi va onasi ba’zan bahslashib qolishlarini, hattoki qandaydir masala ustida men Dotti bilan goho gap talashib qolishimni ko‘rgandi. Agar u bizning tezda nizolarni bartaraf etganimizni ko‘rib xulosa chiqarsa, bu o‘rinda hech qanday yomon narsaning o‘zi yo‘q edi.

Mayli, bolalaringiz sizlardek ikkita katta kishining ba’zan bir–birlaringiz bilan kelisholmay qolganlaringizni bilaverishsin, bu bir–birlaringizga bo‘lgan sevgi oz bo‘lsada kamayib qolganini anglatmaydi. Kelishmovchilik – bu ajralishingiz uchun belgi emas. Bolaringizni munosabatlarning buzilishiga emas, balki ixtiloflarni hal etishga qat’iy kirishganingizga ishontiring.

 IXTILOFGA NISBATAN NOSOG‘LOM MUNOSABAT

 Ixtilofli vaziyatlarga nisbatan bizning tabiiy munosabatimiz va harakatlarimiz ba’zan salbiy va butunlay nosog‘lom bo‘lishi mumkin. Men oilaviy nizolardan bahra olgan biror kishini ham bilmayman. Biroq nizolarni bartaraf etishda ijobiy jihatlarga diqqat qaratish o‘rniga, ko‘pchiligimiz asosan nizo bizga azob keltirishidan qo‘rqib, salbiy yondashamiz. Biz qancha intilmaylik, kelishmovchilik baribir bizga og‘riq keltiradigandek tuyuladi, xo‘sh, kimga ham azob berishsa yoqardi? Biroq seni sevadiganlar qarshisida zaif va “shaffof” bo‘lish – sevgi munosabatlari tiklanishi jarayonining bir qismidir.

Millionlab odamlar boshqalar bilan salbiy hissiyotlardan o‘zlarini chegaralab yashashga intilishadi. Ular qalban asl yaqinlikka chanqoq, unga intilishadi, ammo o‘z munosabatlarida buni aslo topisholmaydi, negaki qalblarini ochishga va nozik bo‘lishga botina olishmaydi. Biz agarda nizolarni muvaffaqiyatli hal etishga hozirlansak, o‘zini himoya qilishning bunday tabiiy yo‘nalishiga qarshi chiqib, uning o‘rniga zaif bo‘lish uchun rozilikka tayyor bo‘lishimiz kerak.

O‘zimiz g‘amxo‘rlik qiladigan narsalarimizni himoya qilish tabiiy, biroq himoyalanish tarzi xudbinlikka o‘tsa, bu ixtiloflarni hal etishni qiyinlashtiradigan nosog‘lom munosabatni yuzaga keltiradi. Keling, ko‘plab odamlar amalda qo‘llashga urinadigan o‘nta befoyda va nosog‘lom munosabatlarni ko‘rib chiqaylik:

  1. “Muammo? Muammo nimada o‘zi?” Muammolardan ehtiyot bo‘lib aylanib o‘tish... va u o‘zidan o‘zi hal bo‘ladimi? Harholda bunday emas. Kelishmovchilik borligini rad etsangiz, ixtilof hal etilmasdan qolaveradi.
  2. Jim bo‘lishga urinish. Biz muammo borligini bilamiz, ammo bu haqda gapirmaymiz. Biz muammoni hal etishni Xudoga yuklab, undan shunchaki yashirinamiz.
  3. “Bu falokat emas”. Ixtilofni nazarga ilmaslik uni yo‘q bo‘lishiga majbur qilolmaydi. Aksincha, u yanada kattaroq muammoga aylanishi mumkin.
  4. “Nima bo‘pti: hammasi yaxshilikka qilinyapti”. Muammoning “ruhiy” qiyofasini tasvirlash ba’zan buni hal etish istagimiz samimiy emasligini ko‘rsatadi.
  5. Xafa qilganlar bilan hisob–kitob. Biz ixtiloflarni yashirib, xafagarchilik va nafratni xotiramizda saqlab yursak, ertami yoki kechmi bizlardan birortamiz buni yuzaga chiqaramiz.
  6. Muammoga emas, odamga tashlanish. Odamlarni sevish, muammolarni esa hal qilish kerak. Aynan shunday, aksincha emas.
  7. “Bunga sen aybdorsan”. Bunday ayblov boshqa odamni nimadadir ayblayotgan kishining o‘z xatolarini tan olishga qodir emasligini anglatadi.
  8. “Men haqman, sen esa – yo‘q”. Nima qilib bo‘lsada g‘alabaga erishish istagi hech narsani hal qilmaydi. Kimdir xafagarchilikdan azoblanib, ketib qoladi.
  9. “Taslim bo‘laman”. Kelishmovchilikdan qochish uchun qo‘llarni tushirish azobni yashirib qo‘yish demakdir. Hech bir taraf nizodan nimagadir erishganligini his etib chiqmaydi.
  10. O‘z tomoniga og‘dirib olish. Kimdir ixtilofni hal qilish o‘rniga, evaziga qandaydir mukofotni taklif etib, vaziyatni o‘z tarafiga og‘dirishga harakat qiladi.

O‘ZARO MUNOSABATLARDAGI NIZOLARNI HAL ETISH

Ehtimol, kelishmovchiliklarga nisbatan nosog‘lom munosabatlarning yuqorida keltirilgan sabablaridan birida yoki undan ko‘prog‘ida o‘zingizni ko‘rgandirsiz. Ko‘pchiligimizni odamlar bilan munosabatdagi nizolarni qanday hal etishga o‘rgatishmagan. Bu mavzuda talaygina kitoblar yozilgan, darvoqe, ular chindan bu borada yaxshi fikrlar berishi mumkin. Nizolarni hal etish mavzusiga bag‘ishlangan ko‘plab masihiy kitoblaridan o‘zingiz uchun foydali nimanidir topib olishingizni taklif etaman. Er va xotin o‘rtasidagi ixtiloflarni hal etish mumkin bo‘lgan beshta qoidalarni siz bilan o‘rtoqlashishimga ijozat eting.

1. “Dum” qoldirmang. O‘sha tong behalovat boshlandi. Menda bir qancha muhim uchrashuvlar rejalashtirib qo‘yilgandi, men esa boshidanoq tig‘iz kun jadvaliga moslasha olmadim. Dotti nonushta vaqtida shusiz ham to‘lib–toshgan ish tartibimga qo‘shish uchun topshiriqlar ro‘yxatini olib keldi. Men gapni chalg‘itish uchun har bir masalaga noaniq bosh silkish bilan javob qaytarishga urindim: “yaxshi”, “bu bilan shug‘ullanaman”, “ha, bu kerak” va “mayli, men harakat qilaman”. Biroq Dotti men uni chala–yarim eshitayotganimni va yaqin kelajakda ro‘yxatdagi ishlarni bajarishga ishtiyoqim yo‘qligini sezmasligi mumkin emasdi. U mendan barcha topshiriqlarini bajarishga va’da berishimni talab qilib turib oldi.

Ana shunda sabrim chidamadi. Bolalar ko‘z o‘ngida Dotti bilan tortisha boshladim. Va nihoyat g‘azabim qo‘zg‘adi. Uning qog‘ozini stol ustiga uloqtirib qichqirdim: “Bas, o‘zlaring nonushta qilaveringlar”, eshikni taraqlatib yopdim, mashinaga o‘tirdim–da, jo‘nab ketdim.

Ammo bir mil yo‘l bosmasdan o‘zimga dedim: “Janob Makdauell, sizga nima bo‘ldi? Tezda uyga qayting va xotiningiz bilan o‘rtalaringizdagi “dumni tozalang”. Men mashinani burib uyga tomon yeldim va bolalarimdan oshxonada Dotti bilan birga yig‘ilishlarini so‘radim. Xotinimdan o‘zimni tutolmaganim va xafa qilib qo‘yganim uchun kechirim so‘radim, bolalarimga o‘girilib ularning onalariga nisbatan hurmatsizlik bilan yondashib, nohaq bo‘lganligimni aytdim va ular ham meni kechirishlarini so‘radim. Oxirida esa Dottidan o‘zaro kelishmovchiligimizni batamom hal etish maqsadida tanho gaplashib olishimiz uchun ijozat so‘radim.

Men bu oyatni qayd etib o‘tganman, lekin u yana va yana qaytarishimizga arziydi: “Hatto g‘azablanganingizda ham gunoh qilmanglar. Quyosh botguncha jahldan tushinglar” (Efesliklar 4:26). Men ushbu oyatning birinchi qismida ko‘rsatilgan gunohga yo‘l qo‘ydim: g‘azab meni boshqarishiga izn berdim, o‘zimni boshqarolmay qoldim. Biroq oyatning ikkinchi qismida ko‘rsatilgan gunohga bo‘y bermoqchi emasdim. Kun yakunlanishini kutmasdan, men Dottidan kechirim so‘rab, nizoni hal etishga qat’iy kirishgandim.

Munosabatlardagi hal etilmay qolgan mayda ixtiloflar bois jiddiy muammolar kelib chiqadi. Umr yo‘ldoshining xiyonati, ruhiy zo‘ravonlik, pornografiyaga ishqibozlik va nimaiki xohlasangiz – barcha bu muammolarga hal etilmay qolgan mayda kelishmovchiliklar bosh bo‘lib chiqadi. “Dumni tozalang” va yangilarini hosil qilmang. Bu ixtiloflarni hal etishning nihoyatda muhim qoidasi.

2. Nohaq bo‘lishingiz mumkinligini tan oling. Biz odamlarning nomukammal ekanliklarini bilamiz. Ular adashadilar, bu ham bizga ma’lum. Biroq bizning hissiyotlarimiz bu holatlarni tan olishga qarshilik qiladi. Albatta, nohaq bo‘lish yoqimsiz va lozim bo‘lganidek ish tutganimizni tan olish ham oson emas, buni yashirmaslikka jur’at qilish va o‘z nohaqligini tan olish – bu nizolarni bartaraf etish uchun badal hisoblanadi.

To‘g‘ri, nizoning bir yoqlama bo‘lishi kamdan kam uchraydi. Aksariyat hollarda uning turli darajalarda paydo bo‘lishiga javobgarlik ikkala tarafga ham tegishli. Nohaqligingizni tan olish sizning yomon inson ekanligingizni bildirmaydi. Turmush o‘rtog‘ingiz yoki sevimli insoningiz mehribon qalbingiz borligini biladi va har qanday holatda ham yaxshi ishlarga qo‘l urishingizni tushunadi. Havoriy Pavlus buni yaxshi tushungan: “insoniy istaklar Ruhga qarshi, Ruhning istaklari esa insoniy xudbin istaklarga qarshidir. Bularning ikkalasi bir–biriga qarshi, shuning uchun sizlar xohlaganingizni qila olmaysizlar” (Galatiyaliklar 5:17).

O‘z nohaqligini tan olish, kimningdir va hattoki o‘zingiz ko‘proq sevadigan hamda sizni sevadigan insonning tanqidini eshitish uchun ozmuncha itoatkorlik talab etilmaydi. Biroq u shunga arziydi. Sulaymon donolik bilan qayd etgan: “Nasihatga quloq solmaganlarga qashshoqlik va uyat keladi, tanbehga quloq solganlar esa hurmat va izzat topadi” (Hikmatlar 13:18), shu bois nohaq bo‘lganingizda buni tan oling, haq bo‘lganingizda esa sukut saqlang. Aynan shunday yondashuv nizolarni hal etishning sog‘lom siyosatidir.

Havoriy Pavlus bizga aytadiki, “Xudo sizlarning hayotingizda boshlagan ezgu ishini Iso Masih keladigan kungacha bitirishiga aminman” (Filippiliklar 1:6). To‘g‘rilab bo‘lmaydigandek tuyuladigan xatoning o‘zi bo‘lmaydi. Kimdir shunday degandi: “Xudo muvaffaqiyatsizlikning o‘zidan ko‘ra kattaroq”. Biz hammamiz ham nohaqligimizni tan olish yo‘lidamiz. Bu esa ruhan sog‘lomlik belgisidir. Umr yo‘ldoshingiz o‘z taqdirini siz bilan bog‘layotganida, sizning mukammallikdan yiroq ekanligingizni, harqalay, anglagandir. Menga ishonavering, u sizga hammasini to‘g‘rilashingiz uchun ikkinchi, uchinchi, to‘rtinchi, beshinchi va yana ko‘plab imkoniyatlar berishga tayyor. Bu o‘rindagi asosiy holat – nohaq ekaningizning tan olinishi. Bu esa xato qilishga haqqingiz borligini “Hurmat belgisi” sifatida ko‘kragingizga taqib yurishingiz yoki o‘zingizning mas’uliyatsiz harakatlaringizni oqlash maqsadida undan foydalanish degani emas. Bu o‘zini omadsiz hisoblamagan holda muvaffaqiyatsizliklarini tan olish va kechirim so‘rab o‘z xatolarini tan olishni anglatadi. Sulaymon bizga yana shunday deydi: “O‘z gunohlarini yashirgan yutuqqa erishmaydi, ularni tan olib, voz kechgan marhamat topadi” (Hikmatlar 28:13).

3. O‘zingizning salbiy hissiyotli munosabatingiz uchun javobgarlikni zimmangizga oling. O‘zida xato qilish huquqini tan olish – muhim holat. Ha, nomukammal ekanligimizni tan olish yoqimsiz, avval aytganimdek, xatoga yo‘l qo‘yganimizda yoki bizni nimadadir ayblaganlarida himoya chizig‘ini egallashimiz mutlaqo tabiiy. Biroq agarda sevgi munosabatlaridagi nizolarni amaliy hal etishga kirishsak, salbiy hissiyotlarimizning yuzakiligidan kelib chiqib tavba qilgan holda javobgarlikni tortishimizga to‘g‘ri keladi.

O‘z nohaqligini tan olish oson emas. Dotti bilan tortishib qolgach, mashinada ketayotganimdayoq nohaq ekanligimni tushungandim. Men yelkamni qisib qo‘yib o‘zimga shunday deyishim mumkin edi: “Xo‘sh, bo‘pti, sen bu tarzda yondashmasliging kerak edi. Keyingi safar yaxshiroq yo‘l tutgin”. Men ish yuzasidan muhim uchrashuvim uchun yo‘limda shoshilinch davom etishim va bu kelishmovchilik haqida unutib yuborishim mumkin edi, biroq qalban “men nohaqman” deya tan olish nizoni bartaraf etishga kamlik qiladi. Men Dottini xafa qildim, endi esa kechiktirmay xotinim sari borishim, unga aybdorligimni tan olib kechirim so‘rashim kerak edi. (Kechirimning muhimligini keyingi bobda batafsil ko‘rib chiqamiz).

SHuningdek, men quyidagicha fikrlab, o‘zimni oqlashim mumkin edi: “Dotti menga bosim o‘tkazgani uchun nohaq. U mening qanchalik band ekanligimni biladi, demak, agar men kechirim so‘rasam, bu unga, “tag‘in bosim o‘tkazishim mumkin”, degan tushunchani beradi, menga esa bu umuman kerak emas”.

Umr yo‘ldoshining nimadir degani yoki qilganiga javoban o‘zining salbiy munosabati uchun javobgarlikni qabul qilish – bu har qanday vaziyatda ham bunday harakatlarni ma’qullash degani emas. U o‘z harakatlarida butunlay nohaq bo‘lsa ham qo‘pol javob qaytarishimiz mutlaqo noto‘g‘ri. Ehtimol, siz o‘zingizning keskin javobingizni oqlashga moyildirsiz: “Nima uchun o‘zimni bunday tutganimni bilmoqchi bo‘lsang, negaki sen...”. SHundan so‘ng uning aytgan yoki qilgan qaysidir ishi sizni bunga undaganini tushuntirishga urinasiz.

Haqiqat shundan iboratki, aksariyat hollarda, kimdir bizni chindan ham keskin javob qaytarishga undagani uchungina salbiy yo‘l tutmaymiz. Biz qanday yo‘l tutishimizni – g‘azabdan portlaymizmi yoki sukut saqlaymizmi – o‘zimiz tanlaymiz. Kimningdir gapi yoki harakatiga nisbatan javobimiz hozirda ruhan hayajonda turganimizni va ichimizdagi porox bochkasi, kichik piltaga ulangan bu hissiy portlagich gumburlab ketishini ayon qiladi. Kimdir o‘zi bilmagan holda unga gugurt chaqib yubormasidan bu piltani uzib qo‘yishga o‘rganish kerak. Va albatta, bizni dahanaki jangga olib boradigan tushkun hissiyotlarni boshqarishni ham o‘rganishimiz lozim. Biz shuni to‘g‘ridan to‘g‘ri tan olishimiz kerakki, faqat biz va faqat o‘zimizgina hissiyotli javoblarimiz uchun mas’uliyatlimiz.

Odamlardagi “boshdan oxirigacha” ko‘proq jahlingizni qo‘zg‘atadigan xususiyatlar o‘zingizga ham taalluqli ekanini payqaganmisiz? Dottining ayrim ishlarni “tag‘in shu kunning o‘zida” bajarishimni talab qilgani chindan jahlimni chiqargandi. Axir mana bunaqa qat’iy ohangdagi ovozlarni eshitgandirsiz: “Menga bu darhol zarur. Sen buni bugun ertalab bajara olasanmi?” Biroq o‘zim ham odamlarga shu tariqa yondashaman. Men soat 9:00 da nimanidir olishim kerak bo‘lsa, o‘zimni qo‘yarga joy topolmayman va yordamchimni bezovta qilishni boshlayman, ammo o‘sha narsani olgach, hattoki ikki–uch kunlab unga qaramasligim mumkin. Odamlar men bilan shunday yo‘l tutganlarida esa g‘azabim qo‘ziydi, ammo boshqalarga shunday yondashsam, o‘zimni juda qulay his qilaman.

Iso ushbu so‘zlarni aytganida menga o‘xshaganlarni nazarda tutgan:

“Nega sen birodaringning ko‘zidagi zirapchani ko‘rasan–u, o‘z ko‘zingdagi xodani sezmaysan? O‘z ko‘zingda xoda bo‘la turib, qanday qilib birodaringga: «Kel, ko‘zingdagi zirapchani olib tashlay», deb aytasan? Hoy, ikkiyuzlamachi! Oldin ko‘zingdagi xodani chiqarib ol, shunda ko‘zing tiniq ko‘radi va birodaringning ko‘zidan zirapchani chiqara olasan”.

Matto 7:3–5

Faqat menda shunday muammo bormi? Bunga shubha qilaman. Barchamiz Isoning ibratidan o‘rnak olishimiz va salbiy hissiyotli javoblarimiz uchun mas’uliyatni qabul qilishimiz kerak. Bu bizning sevgi munosabatlarimizda yuzaga keladigan ixtiloflarni hal etish uchun muhim qadamdir.

4. Vaziyatni boshqa odamning nazari bilan ko‘rishga urining. Barchasi bo‘lmasada aksariyatlar tushunmovchiliklar turli taxminlarning natijasi bo‘lib chiqadi. Er nimanidir o‘z qo‘ng‘iroqxonasidan turib ko‘radi, ayni vaqtda xotini o‘z turgan yeridan vaziyatga qaraydi va ulardan hech biri boshqasiga nisbatan taxminlar tuzayotganiga shubha qilmaydi. Bunday holatlar yonginamizda uzluksiz uchraydi.

Mening sochlarim siyraklasha boshlaganida, xayolimga shunday fikr keldi: “sochimga surtish uchun aerozol lakidan foydalansammikan?” Bir kuni ertalab Dotti ikkovimiz yuvinish xonasida turganimizda yonimdan spreyli ballonchani chiqardim. Men endigina lakni sepishni boshlaganimda, Dotti mendan iltimos qildi: “Azizim, o‘tinaman sendan, bunday qilma”.

Farosatli er bo‘lganim uchun yuvingich oldidan bir qadam chekinib, lakni surtishda davom etdim. Xotinim menga o‘girilib yana gapirdi: “Nimalar qilyapsan? Men sendan iltimos qildim axir! Bu meni bezovta qiladi!” Mening unga qaratilgan nigohimdan shunday ifodani o‘qish mumkin edi: “Buni qarang–a, nozikoyim!” Ichim qaynab ballonchani stol ustiga uloqtirib yubordim va bu bilan Dottining xush ko‘radigan atir shishachasini sindirib qo‘ydim, tag‘in qimmatbahosini deng. SHunda o‘zimni tutolmadim va uydan yugurib chiqib ketdim.

Dotti nega mening bunday haddimdan oshganimni aslo tushuna olmadi. Xotinimning soch uchun lakdan foydalanishimga qarshi chiqishi xayolimga ham kelmagandi. Muammo shunda ediki, bizdan hech kim boshqamizning nuqtai nazarida turishga qodir emasdik. Biz vaziyatni turli tarafdan ko‘rayotganimizga shubha ham qilmagandik.

Men xotinim bilan shuncha yil birga yashab, uni aerozollar bezovta qilishini bilmagandim. Dotti bu ballonchalarni o‘ta yomon ko‘radi. U aerozollar atrof muhit tozaligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, deya hisoblaydi (bu masalada u haq). Xotinim bolalarga undan foydalanishni ta’qiqlagan, biroq men shaxsan unda aerozolga nisbatan munosabati qandayligidan mutlaqo bexabar edim.

 Bundan tashqari, men sochlarim to‘kilayotganidan xavotirlanayotganim va sochga lak bunday holatda zarur ekanligi haqida Dotti bilan fikrlashmagandim. Men o‘zimni bunday tutganim sababi, men uning munosabatini qanchalik tushungan bo‘lsam, unga ham shu darajada tushunarli edi. Mana shu tariqa ixtilof chiqishiga qulay vaziyat yaratilgandi.

Biz Dotti bilan o‘tirib, bir–birimizni tushunishga urinib gaplashib olganimizdan so‘ng bu kelishmovchilikni hal etish uchun ko‘p vaqt kerak bo‘lmadi. Darvoqe, uning fikrlari ustun chiqdi va men o‘shandan buyon aerozol o‘ramidagi soch uchun lakdan foydalanmayman.

Qachon o‘rtalaringizda nizo endigina qo‘zg‘ala boshlaganida, turmush o‘rtog‘ingiz vaziyatni qanday ko‘rayotganini aniqlang. Mana bunga o‘xshash gaplarni ayting: “Seni tashvishga qo‘ymoqchi emasman va o‘zim ham bezovtalikni istamayman. Iltimos, o‘z nuqtai nazaringni tushunishimga yordam ber. Balki nima uchun boshqacha emas, shunday yo‘l tutganingni tushuntirib berarsan?” Muloqot san’atiga bag‘ishlangan avvalgi boblar yaxshi tinglovchi bo‘lish masalasida juda muhim. Biz o‘z vaziyatimizni himoya qilish o‘rniga, boshqa insonning holatini tushunishga intilganimizda kelishmovchiliklarni hal qilish yo‘liga o‘tamiz.

5. Tushuning, kelishmovchilikni hal etish – boshqa tarafga bo‘ysunish degani emas. Respublikachilar partiyasining konservativ a’zosi Demokratik partiyaning liberal qarashlarga ega bo‘lgan tarafdori bilan nikohdan o‘tib, baxtli oila qurishlari mumkinmi? “Vashington qizil tanlilari”ning ashaddiy muxlisi “Dallas kovboylari”ning sodiq ishqibozi bilan oila qurib, qalban bir bo‘lib yashay oladimi? Sevgi munosabatlarida nizolarni hal etish siz har bir bitta masalada turmush o‘rtog‘ingiz bilan kelishuvingizni anglatmaydi, ammo aslida sizning o‘ziga xosligingiz oila hayotidagi zarur mutanosiblikni ta’minlashi mumkin.

SHoh Sulaymon yozgan: “Temir temirni o‘tkirlaydi, inson esa do‘stini” (Hikmatlar 27:17). Bizning tafovutimiz bizning kuchli tarafimiz bo‘lishi mumkin. Xudo O‘z tanasini, Jamoatni birlik va kuch sifatida – xuddi tananing turli a’zolari kabi – turli “bo‘laklar”dan yig‘gan. U er va xotin o‘rtasidagi tafovut ularni birlashtirib, nikohlarini mustahkam qilishini istaydi. Havoriy Pavlus qo‘l, oyoq, ko‘z va quloqlar o‘rtasidagi tafovutga va ayni vaqtda ularning zarur ekanligiga e’tibor qaratadi. U shunday xulosaga keladi: “Aksincha, ojiz tuyulgan tana a’zolari eng kerakli a’zolardir. Biz tanamizning uyatli hisoblangan a’zolariga e’tibor berib, ularni yopib yuramiz. Ko‘rimsiz tuyulgan tana a’zolarimizga diqqat–e’tibor qilamiz. Uyatli bo‘lmagan tana a’zolarimizga bunday e’tibor berishimizning hojati yo‘q...” (1 Korinfliklar 12:22–24).

SHubhasizki, sizning qarashlaringiz va qobiliyatlaringiz umr yo‘ldoshingiznikidan farq qiladi, bunday tafovutlardan voz kechmaslik kerak, balki oilani mustahkam qilish uchun ikki shaxsiyatni bir butunlikda shakllantirib birlashtirish kerak. Turmush o‘rtog‘ingiz ma’lum darajada sizning o‘zligingizni mutanosiblikda ushlab turishingiz uchun yoningizda bo‘ladi. Uning fe’l–atvori siznikidek emasligi, hayotni mutlaqo boshqa ko‘z bilan ko‘rishi esa Xudo rejasining bir qismidir. Sizlar bir–birlaringizga keraksizlar, negaki o‘zaro tafovutlaringiz sizlarga Xudo xizmatida bir–birlaringizni to‘ldirish va odamlarga yordam berish uchun qobiliyatlaringizni birlashtirishga yordam beradi. Bir xilda bo‘lish (har bir masalada rozilik bildirish va barchasida bir xil qarashga ega bo‘lish) – Bu Xudoning rejasini noto‘liq va buzib ko‘rsatish demakdir.

Xudo xizmatidagi aziz do‘stim va maslahatchim Bobb Bil bunday tafovutlarning zarurligini “bir–birining kuchli taraflaridan ko‘prog‘ini olish va arzimas darajada zaiflik ko‘rsatish” usuli sifatida ta’riflaydi. Ixtiloflarni hal etish ustida ishlang, ammo tafovutlaringiz ikkinchi yarmingizni to‘ldirishiga va bundan foydalanishiga ijozat eting.

Sevgi munosabatlarini buzishga emas, balki oilaviy kelishmovchiliklarni hal etishga o‘zingizni tayyorlang. Kelishmovchiliklar sababiga e’tiboringizni qarating va quyidagi masalalarni orqaga surmang, ya’ni ...

  • “dum” qoldirmaslik;
  • nohaq bo‘lishingiz mumkinligini tan olish;
  • salbiy hissiyotli javobingiz uchun mas’uliyatni zimmangizga olish;
  • vaziyatni boshqa odamning nazari bilan ko‘rishga urinish;
  • kelishmovchiliklarni hal etish – boshqa tarafga bo‘yin egish emasligini tushunish.

Kalom bizga nizolarni qanday bartaraf etish, tinchlik va kelishuv asosida yashashimiz uchun yaxshi maslahatlar beradi: “...bir–biringizga nisbatan sabr–toqatli bo‘linglar. O‘zaro tinch–totuv yashab, Muqaddas Ruh ato qilgan birdamlikni saqlashga jon kuydiringlar” (Efesliklar 4:2–3).


Книга на Узбекском языке: 10 рецептов счастья в браке (Джош Макдауэлл)

Брачные обеты… на этом обычно заканчиваются любовные романы, но это не конец вашей любовной истории, а лишь начало совместного пути с любимым человеком. В этой книге знаменитый американский проповедник рассказывает о десяти решениях, принятых им ради того, чтобы сохранить свежесть и яркость чувств в браке с любимой женщиной. Практические рекомендации, которые автор дает на основе библейского учения и личного опыта, будут полезны и молодоженам, и супругам со стажем, желающим сделать свой брак счастливым и долговечным. Читателей ждет бонус: тест на определение своих эмоциональных потребностей.



Shu bobni eshitish:


AUDIOKITOB ►
butun kitobni tinglang

Kitoblar

Qaysi kitoblarni tinglashni istaysiz?
Qaysi kitoblarni tinglashni istaysiz?

docs.google.com/forms

Xush kelibsiz!

Яхши аудио Китоблар
Audiokitoblar Uzbek tilida


Kinolar va Multiklar
Kinolar Uzbek tilida


Audiokitob - Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd
Audiokitob Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd


Аудио Кутубхона
Audiokitob Uzbek tilida

Telegram bot: @audio_kito_bot
Kanal: @kitoblar_elektron_uz



Sharhlar

...ҳар куни — байрамнинг биринчи кунидан охирги кунигача Худонинг Таврот китобидан ўқиб берди...

...kunidan oxirgi kunigacha Xudoning Tavrot kitobidan o‘qib berdi...
Naximiyo 8:18



Yaxshi audio kitoblarni yuklab oling uzbek tilidagi

Фарзандингиз учун қай тариқа чўпон бўлиш мумкин? (Тед Трипп)    Энага яна ёрдамга шошади (Мишель Лароу)    Сандон устида (Макс Лукадо)  Гувохлик ва биография (Николай Бойко Ерофеевич)    Турмуш ўртоғингиз нотўғри ёъл тутганда, Сиз тоғри ёъл тудинг (Лесли Верник)    Матонат соҳиби (Джош Макдауелл)    Бахтли оила (Абдулла Рашидов)    Zamonamiz durdonasi (Nikolay Boyko)    Худди Исо Каби (Макс Лукадо)    Уни Нажоткор деб аташлари таажжубли эмас (Макс Лукадо)    Дарбадар ўгилнинг қайтиши (Генри Нувен)    Худо жуда яқин келди (Макс Лукадо)    Эски Аҳд аёллари ҳақида вазлар (Чарлз Спержен)    Iso bizning taqdirimiz (Vilgelm Bush)    Сиз осмонда қилолмайдиган иш (Марк Кехилл)    Дарбадар ўғил (Чарлз Спержен)    Ҳомиладорлигим кундалиги (Вера Самарина)    Иброҳимнинг оиласи: парчаланган шажарани шифолаш (Дон Мак-Керри)    Зулматдаги нур (Доктор Джеймс ва Ширли Добсон)    Митти Тиллақўнғиз ва Серқуёш ўтлоқзор аҳолиси (Майя Огородникова)    Подшоҳнинг сири  (Урусла Марк)    Яна қароқчилар қўлидами? (Урусла Марк)    Қароқчиларникидай  эмас (Марк Урусла)    Эътиқод уфқлари (Георгий Винс)    (Биродар Андрей ва Алекс Янсен) Сирли масиҳийлар    Масиҳийлик таълимоти асослари (Роберт Спраул)    Ҳаёт бўронларига бардош беринг (Пол Эстебрукс)    Абадийликка ишонаман (Николай Ерофеевич Бойко)    Ўсмир ибодатининг кучи (Сторми Омартиан) kitob Uzbek tilida    Чегарасиз хает (Ник Вуйчич) kitob Uzbek tilida    Севимли инсоннинг ҳаёти (Генри Нувен) kitob Uzbek tilida    Довюраклар (Макс Лукадо) kitob Uzbek tilida    Бирга қилинган ибодатнинг қудрати (Сторми Омартиан) kitob Uzbek tilida    Хузур халоват амрлари (Джон Макартур) kitob Uzbek tilida    Саботли инсон (Джош Макдауелл) kitob Uzbek tilida    Shijoatkor (Nik Vuychich) kitob Uzbek tilida    Мақсад Сари Йўналтирилган Ҳаёт (Рик Уоррен) kitob Uzbek tilida    Чалғитиш номли душман (Джон Мэйсон) kitob Uzbek tilida    Мафтункор Гўзаллик (Джон ва Стейси Элдридж) kitob Uzbek tilida    Севги ва ҳурмат (Эмерсон Эггерих) kitob Uzbek tilida    Ayollar... (Nensi Demoss) kitob Uzbek tilida    Хакиат асоси (Джон Стотт) kitob Uzbek tilida    ИБОДАТГЎЙ АЁЛНИНГ КУЧИ (СТОРМИ ОМАРТИАН) kitob Uzbek tilida    ТЎҒРИ ҚАРОР (Джош ва Дотти Макдауэлл) kitob Uzbek tilida    Нега? (Филип Янси) kitob Uzbek tilida    Hayotdagi yetakchilik va ijodiy salohiyat (Rik Joyner) kitob Uzbek tilida    Ishayo 53 sharxlar (Mitch Gleyzer) kitob Uzbek tilida    Xudoga qay tarzda manzur bolish mumkin (Robert Charlz Spraul) kitob Uzbek tilida    Mukaddas ruxning siri (Robert Charlz Spraul) kitob Uzbek tilida    Ota-ona ibodatining kuchi (Stormi Omartian) kitob Uzbek tilida    Muhabbat tilsimi (Djosh Makdauell) kitob Uzbek tilida    Xudoning qalbiga mos erkak (Jim Jorj) kitob Uzbek tilida    Enaga yordamga shoshadi (Mishel Larou) kitob Uzbek tilida    Bolaning nazaridagi qahramon (Djosh Makdauell) kitob Uzbek tilida    G‘alamisning xati (Klayv Steyplz Lyuis) kitob Uzbek tilida    Dolzarb Savollarga Javoblar (James Paker) kitob Uzbek tilida    kitob Uzbek tilida    kitob Uzbek tilida    kitob Uzbek tilida    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Bolalar Audiokitob Uzbekcha    Bolalar kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Hamdu Sanolar Uzbekcha    Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musika



Kitobook – Kitoblar, AudioKitoblar: Инжил ва Muqaddas Kitob ва Инжил Каракалпак