Klayv Styeyplz Lyuis G‘alamisning xati- (18-xat) Kitob O'zbek tilida
Ғаламиснинг хати (Клайв Стейплз Льюис) Ўзбек тилида Аудиокитоб 
O‘N SAKKIZINCHI XAT
Mening qadrli Razilginam!
Hatto Yaramas davrida ham sen jinsiy aloqa vasvasalari texnikasini o‘rganishing zarur edi va biz ruhlar uchun bu dahshatli zerikish bo‘lgani bois (garchi mutlaqo majburiy bo‘lsada), men ularni bu yerda gapirmay o‘taman. Jins bilan bog‘liq bo‘lgan chuqurroq boshqa muammolarga kelganda esa, sen o‘rganishing mumkin bo‘lgan narsalar ko‘p deb o‘ylayman. Dushmanning irodasiga ko‘ra, odamlar bahs qarshisida turadi: yo butunlay o‘zni tiyish lozim yoki talabchanlikni bo‘shashtirmay, yakka nikohli bo‘lish zarur. Lekin otamizning dastlabki buyuk g‘alabasi davridan buyon biz o‘zni tiyishni ular uchun mutlaqo qiyin qilib qo‘yganmiz. Yakka nikohlikni esa biz so‘nggi asrlarda najot yo‘lidan nari olib ketishga harakat qildik. Odamlarni ular “sevishganlik” deb ataydigan alohida va qisqa muddatli kechinma – nikohning yagona munosib asosi ekanligiga, nikoh bu kechinmani doimiy qilishi mumkin va zarur ekanligiga va nihoyat, bunday kutishlarni oqlamaydigan nikoh o‘z ma’nosini yo‘qotishiga ishontirib, biz yakka nikohlikni najot yo‘lidan nari olib ketishni shoirlar va yozuvchilar yordamida amalga oshirdik. Bu g‘oya Dushmanning g‘oyasiga parodiya bo‘ldi. Do‘zaxning butun falsafasi yo unisi yoki bunisi degan aksiomada mujassamlashgan. Meniki menga tegishli, seniki –senga. Bir kishi qo‘lga kiritgan narsadan ikkinchisi mahrum bo‘ladi. Hatto moddiy ob’ekt o‘zi egallab turgan makondagi qolgan boshqa hamma ob’ektlarni istisno qiladi. Agar uning hajmi kattalashsa, u boshqa narsalarni chetga suradi yoki ularni yutib yuboradi. Har qanday o‘zlik xuddi shunday harakat qiladi. Hayvonlar yeb, yutib yuborishadi. Bizda kuchli kuchsizning irodasi va erkinligini yutib yuboradi. «Mavjud bo‘lish» — “musobaqalashish” demakdir.
Dushman bu ayon haqiqatni tinimsiz aylanib o‘tishga urinadi. Uning falsafasi qarama–qarshiliklarda mujassamlashgan. Dunyo ko‘p qiyofali va ayni paytda birdam bo‘lishi kerak. Bir kishining yutug‘i boshqaning ham yutug‘i bo‘lishi zarur. Mana shu be’manilikni U sevgi deb ataydi. Buni U yaratadigan hamma narsada va hatto U namoyon bo‘ladigan (yoki namoyon bo‘ladi deb ta’kidlaydigan) har bir narsada ko‘rish mumkin. Shunday qilib, oddiy arifmetik birlik bo‘lish Unga kamlik qiladi. Ko‘ryapsizmi, U ayni paytda Uch Birlik va Yagonadir. Sevgi haqidagi bu tuturiqsizlik Uning O‘z tabiatida asos topishi uchun U shuni aytadi. Boshqa tomondan esa, U organizmdek vijdonsiz kashfiyotni kiritadi, bu organizmda hamma qismlar o‘zining tabiiy vazifasi – musobaqalashishdan jirkanadi – va murosaga keltirilgan.
U jinsiy farqni ko‘payish usuli sifatida qo‘llaganining asl sababi mutlaqo tushunarli. Qara, U bundan qanday foyda olgan. Jinsiy farq, bizning nazarimizda, butunlay beayb bo‘lishi mumkin edi. Bu shunchaki kuchlining hisobiga kuchsiz azoblanishining turlaridan biri bo‘lishi mumkin, bu xuddi o‘rgimchaklarda jinsiy yaqinlik tugashi bilan kelin kuyovni yamlab yuborishiga o‘xshaydi. Lekin Dushmanning inoyati tufayli odamlarda jinsiy moyillik o‘zaro bog‘liqlik bilan mustahkamlangan. Bundan tashqari, U bolalarning ota–onalarga bog‘liqligini o‘rnatgan va ota–onalarni farzandlarga g‘amxo‘rlik qilishga undagan, shu tariqa faqat yomonroq bo‘lgan organizmni eslatuvchi oilani yaratgan, chunki bu yerda a’zolar yanada mustaqilroq bo‘lib, ularning bir–biriga bog‘liqligi ancha ongli va mas’uliyatliroqdir. Oxir–oqibatda bu – odamlarni sevgiga jalb qiluvchi yana bir kashfiyotdir.
Endi esa eng kulgilisi. Dushman er–xotinlarni “yagona vujud” deb atagan. U “baxtli er–xotin juftligi” yoki “sevgiga ko‘ra turmush qurgan juftlik” demagan. Sen esa shunday qilishing mumkinki, toki odamlar buni tushuna olmasin. Bundan tashqari, shunday qilki, xuddi o‘sha Pavlus buni nikohdan o‘tmagan juftliklarga ham qo‘llaganini ular esdan chiqarib yuborsin. Uning so‘zlariga qaraganda, xususan, qovushish odamlarni “yagona vujudga aylantiradi”. Odamlar aslida – shunchaki jinsiy maylni “sevishganlik” shavqi deb hisoblashiga erishish zarur. Haqiqatan ham, erkak qachon ayolga qo‘shilmasin, o‘zi shuni xohlaydimi–yo‘qmi, ular o‘rtasida qandaydir avjga chiqqan munosabat o‘rnatilib, bu munosabat bir umrga ularni qiynaydi yoki shodlik keltiradi. Bu munosabat bog‘liqlik va oila yaratishga qaratilganidan kelib chiqib (agar bu munosabatga butunlay sho‘ng‘ib ketilsa, shunday bo‘ladi ham), odamlarga faqat o‘zlari “sevishganlik” deb ataydigan muqaddaslik yoki nikoh baxtini yaratadi degan qo‘rquv va mayl aralashmasiga soxta ishonchni uqtirish mumkin bo‘ladi. Bu xatoni sodir etish oson, chunki G‘arbiy Yevropada “sevishganlik” Dushmanning irodasiga muvofiq tuziladigan nikohlardan oldin ro‘y beradi, ya’ni sodiqlik, bir–biriga nisbatan iltifot va serpushtlik nazarda tutilganidan ilgari sodir bo‘ladi. Mana senga o‘xshashlik: diniy sertuyg‘ulik ham ba’zan imonga kirishga ko‘maklashadi. Qo‘yaver, odamlar nikohning asosini Dushman faqat uning natijasi sifatida va’da qilgan varianti, deb hisoblayversin. Bundan shu zahotiyoq ikkita yaxshi imkoniyat kelib chiqadi. Birinchidan, o‘zini tiyish iste’dodiga ega bo‘lmagan odamlarni nikohdan tiyib turish mumkin, chunki ular “sevib qolmagan” – biz tufayli “sevgiga ko‘ra bo‘lmagan” nikoh haqidagi fikr ularga past va hayosiz bo‘lib tuyuladi. Ha, ha, ular aynan shunday o‘ylashadi. Ular o‘zaro yordam, bokiralikni saqlash va naslni davom ettirish uchun nikohdan o‘tish hissiyotlarning tasodifiy bo‘roniga qaraganda pastroq turadi deb hisoblashadi (imkoniyatni qo‘ldan chiqarma, o‘z mijozingni nikoh ahdi marosimini ancha nomukammal deb hisoblashga majbur qil). Ikkinchidan, nikohga intilgan har qanday jinsiy mayl “sevgi” deb ataladi, bu turdagi sevgi esa har qanday gunohni kechiradi va mutlaqo dunyoviy, ahmoq yoki buzuqi ayolga uylanishni bemalol keltirib chiqarishi mumkin. Ammo bu haqda keyingi xatda batafsilroq gap boradi.
Seni yaxshi ko‘ruvchi amaking G‘alamis.
Книга на Узбекском языке: «Письма Баламута» (Клайв Стейплз Льюис)
«Письма Баламута» Клайва Льюиса — уникальное произведение. Это и повесть в лучших традициях эпистолярного жанра, и философская притча, и аллегорическое религиозное наставление.
«Письма Балам ута» — рассказ Клайва Льюиса 1942 года, написанный в традициях эпистолярного жанра в котором за внешне забавной историей скрываются серьезные духовные проблемы.








































































































































