Sevgi hayot tarzi sifatida (Geri Chepmen G.) 9 bob

Kitob O'zbek tilida (Audiokitob) - Geri Chepmen. Sevgi hayot tarzi sifatida

Китоб PDF | Kitob PDF (latin)

Книга на Узбекском языке

Mundarija

So‘z boshi

1 bob. Birinchi qism. Biz nega sevishni xohlaymiz? Sevgidagi hayot chuqur qoniqish tuyg‘usini beradi

2 bob. Ikkinchi qism. Sevgining yettita siri. Ezgulik. Hayot quvonchini o‘zing uchun emas, balki boshqalar uchun kashf etgin

3 bob. Sabr-toqat. Boshqa odamlarning nomukammal ekanligiga ko‘nikkin

4 bob. Kechirim. G‘azabdan voz kech

5 bob. Xushmuomalalik. Atrofdagilarga xuddi do‘stlardek munosabatda bo‘lgin

6 bob. Itoatkorlik. Boshqa kishi qad rostlashi uchun sen engash

7 bob. Saxiylik. O‘zingni atrofdagilarga bag‘ishla

8 bob. Halollik. O‘zingni angla

9 bob. Uchinchi qism. Nikohda sevgini hayot timsoliga aylantir

10 bob. Bolalar bilan munosabatda sevgini hayot tarziga aylantir

11 bob. Ish faoliyatingda sevgini hayot tarziga aylantir

12 bob. Sevgi undovi

13 bob. Xotima

Asarning qisqacha mazmuni

Geri Chepmen - sevgi va munosabatlar masalasida butun dunyoga mashhur guru. Uning kitoblari 37 tilga tarjima qilingan bo‘lib, olamdagi millionlab kishilar hayotida haqiqiy burilish yasagan. “Sevgi hayot tarzi sifatida” - mushtariylar kutgan kitob. Bu asar “Sevgining beshta tili” bestsellerining mantiqiy yakunidir. Chepmen hayot bizni uchrashtiradigan barcha bilan uyg‘un munosabatlarni aqlli, erkin ruhdagi boshqaruv asosida qurishni taklif etadi.   Test va topshiriqlar hayotingizni tubdan o‘zgartiradigan yettita xos xususiyatlaringizni rivojlantirishga yordam beradi. Mazkur kitob yordami bilan o‘zingiz baxtli bo‘libgina qolmay, balki boshqalarni ham baxtiyor etasiz.

Geri Chepmen G. Sevgi hayot tarzi sifatida

Uchinchi qism. Sevgini hayot timsoliga aylantir

To‘qqizinchi bob. Nikohda sevgini hayot timsoliga aylantir

Baxtli nikoh - bu har kuni qaytadan qurish kerak bo‘lgan uydir.

Andre Morua

 

Sharlotta va Jon maktabning yuqori sinflarida o‘qib yurganlarida uchrashishni boshlashgandi. Va nihoyat ular turmush qurishdi. To‘y Sharlottaning ota-onasi yashaydigan uy yaqinida bo‘lib o‘tdi.

“Dastlabki ikki yilda hammasi juda ajoyib kechdi, - Sharlotta menga hikoya qila turib, Jonga qarab qo‘ydi. - Biz Blumingtondagi kichkina uyda yashardik. Har birimiz ikkita ishda ishlasakda, topganimizni uchma-uch yetkazardik, zero ta’lim uchun olgan kreditimizni to‘lashga ham to‘g‘ri kelardi. Biroq biz baxtli edik. Biz har shanba kuni ertalab yonginamizdagi qahvaxonaga kirib, birgalikda gazeta o‘qirdik. - Sharlotta yengil jilmayadi. - Jon menga ham o‘zim yoqtirgan dolchinli pirojnoy olib kelardi, men esa stol ortida o‘tirgancha qahva ichardim. Bo‘sh qolgan qolgan kunlarimizda velosipedda sayr qilardik yoki antiqa buyumlar do‘konini tomosha qilishga borardik... So‘ngra esa Jonning onasi kasal bo‘lib qoldi. U bir yildan so‘ng vafot etdi. O‘sha yil biz uchun og‘ir keldi. Jon juda ko‘p ishlardi va aksariyat dam olish kunlarini ota-onasi bilan o‘tkazardi. Qaynonamning vafotidan bir oy avval men homilador ekanligimni bilim qoldim. Biz o‘ta hayajonga tushdik. Hamma bizda farzand tug‘ilishi bilan hayotimiz o‘zgarib ketishini aytardi. Darhaqiqat, Keytlin tug‘ilganidan so‘ng barchasi o‘zgardi. Biz chaqaloqqa qarash uchun navbat almashayotgan paytdagina gaplashadigan bo‘ldik. Bizni faqat qizchamizning kun davomida qancha uxlagani va ovqatlangani tashvishlantirardi.

Ikkinchi farzandimizga o‘zimiz kutganidan barvaqt homilador bo‘ldim. Men ishni tashlashimga to‘g‘ri keldi. Moliyaviy tarafdan hammasi joyida edi, negaki Jonning kasbiy faoliyatida ishlar yaxshi ketayotgandi. Biroq ikkalamizdan birgina mening uydan chiqmasdan o‘tirishim o‘zimga adolatsizlikdek bo‘lib tuyuldi. Hozir bolalar maktabga qatnashadi, men esa yarim stavkada  ishlayman. Va baribir, Jon bilan ikkalamiz bir-birimizni mutlaqo bilmaydigandek bo‘lib tuyuladi menga. Men har safar qayoqqadir borishni xohlashimni aytganimda, u mening so‘zlarimga aslo e’tibor bermaydi. Biz to‘lovlarni amalga oshiramiz, xo‘jalik ishlarida bir-birimizga yordam beramiz. Bizda hammasi yaxshi, lekin biz er-xotinlarga emas, ko‘proq ishdagi hamkorlarga o‘xshaymiz”.

Sharlottaning ko‘zlariga yosh to‘ldi. Men Jonga qaradim, u esa ko‘zlarini derazadan uzmasdi.

“Xo‘sh, munosabatlaringizni siz qanday baholaysiz?” - men endi unga murojaat qildim.

Jon yo‘talib olib, shunday dedi: “Ha, biz chindan ham avval birgalikda ko‘proq bo‘lardik. Biz mojaro qilmasdik. Ammo o‘shanda hammasi mukammal bo‘lgan deb o‘ylamang. Biz doimo uy haqini to‘lay olish-olmasligimiz haqida tashvish tortardik. Har safar ishda biroz tin olganimda, shu ishimni yo‘qotib qo‘yishim mumkinligidan qo‘rquvga tushardim. Ha, biz ba’zan qahva ichishga borib turardik, ammo hozir yaxshigina uyimiz, ikkita mashinamiz va bolalarimiz bor, axir. Sharlotta go‘yo biz bolalarimizni yaxshi ko‘rmaydigandek gapiradi”.

“Men buni nazarda tutmaganimni bilasan-ku”, - Sharlotta uning gapini keskin bo‘lib qo‘ydi.

“Gapimni bo‘lma! -  Jon tishlarini g‘ijirlatib menga qaradi. - Sharlottaning o‘zi Jekson tug‘ilganidan so‘ng uyda qolishni xohladi. Axir men kuniga o‘n soatlab ishlab, oqshomlari bola bilan ovora bo‘lish o‘rniga, ta’til olib pamperslarini o‘zim almashtirib turishni qanchalik tez-tez istab turardim!... Hozir esa ikkalamiz ham ishlashga intilayapmiz. Kecha bolalarni maktabdan olish uchun ishdan barvaqt qaytishimga to‘g‘ri keldi, negaki uning ish yuzasidan uchrashuvi bor edi. Sharlotta kechki ovqatga yetib kelishini aytgandi, biroq uchrashuvdan so‘ng do‘stlari bilan suhbatlashib o‘tirishni istab qolishibdi. U oqshom soat yettida bu haqda aytish uchun menga qo‘ng‘iroq qildi. Men bolalarni ovqatlantirdim, uy vazifalarini bajarishga yordam berdim va uxlatdim. U esa soat to‘qqizda go‘yo hech nima bo‘lmagandek qaytib keldi. Ertasi kuni menda muhim yig‘ilish bor edi, ammo men kerakli darajada tayyorgarlik ko‘rolmadim, negaki xotinim butun oqshom ko‘ngilxushlik qilib yurdi. - Jon biroz jim qoldi. - Vaholanki, oilamiz uchun asosiy pulni men ishlab topyapman, axir”.

Sharlotta unga qaradi: “Men barvaqtroq qo‘ng‘iroq qilgandim. Men hammasi joyida ekanligiga ishonish uchun bolalar maktabdan qaytadigan vaqtda qo‘ng‘iroq qilgandim. Sen esa hammasi yaxshi va vaqtimdan bemalol foydalanishim mumkinligini aytding. Men xuddi shunday qildim. Qolaversa, men ham oilamiz uchun pul ishlab topmayapmanmi? Kun bo‘yi bolalar bilan o‘ralashaman. Axir hech bo‘lmasa bir marta uyga qachon qaytishni o‘zim hal etishga haqqim yo‘qmi?”

“Qo‘ng‘iroq qilganingda, men uyga qaytayapsan deb o‘ylagandim. Men shoshilmasdan kelishing mumkinligini nazarda tutgandim. - Jon menga qarab qo‘yib gapida davom etdi: - Qayoqqadir borishni aytyapsanmi? Bu ajoyib bo‘lardi, ammo hozirgi hayotimizda biz hozir bunday qilolmaymiz. Agar u uyimizning yaxshiroq ko‘rinishi uchun ko‘proq jon kuydirganida, bunga qarshilik qilmagan bo‘lardim. Hammasini o‘zim qilolmayman, axir. Bilmadim, u buni qachon tushunarkan”.

“Bizning oldingizga kelishimizning sababi, - dedi menga Sharlotta, - men bunday yashashdan charchadim. Menga hamisha shu tobda bizlar o‘zaro janjallashib qoladigandek tuyuladi. Jon doimo menga jahl qiladi, men esa hamisha yolg‘izman. Ochig‘ini aytganda, bu muammolarni hal etishimizga men ishonmayman”.

Er-xotin javobimni kutgandek menga qarab qolishdi. Men ularning ko‘zlarida odamlar menga tez-tez berishadigan savolni o‘qidim: “Biz yana bir-birimizni sevib qolishimiz mumkinmi?”

 

Qanday qilib sevib qolish va ayni paytda kibr-havolanib ketmaslik mumkin

 

Men ko‘p yillar mobaynida er-xotinlar nikohlarini saqlab qolish uchun qanday kurashganlari haqida ko‘p bora eshitganman. Va har safar er-xotinlar o‘z muammolarida bir-birlarini ayblashgan. Har biri sevimli bo‘lishni istagan, ammo har biri juftining tashabbusni o‘z qo‘liga olishini kutgan. Mening oldimga kelishdan avval ular bir-birlariga ayb ag‘darishgan. Juda ko‘p hollarda bunday shikoyatlar haqiqiy la’natga aylanib ketgan, negaki har biri boshqasi o‘zini nohaq tutmoqda deya hisoblagan. Ayol shunday o‘ylaydi: “Agar u “toki o‘lim bizni ayirmagunicha, sevish va g‘amxo‘rlik qilish” uchun bergan va’dasini bajarsa bo‘ldi edi”. U juda kam hollardagina erkak ham xuddi shuni o‘ylayotganini tushunadi. Mamlakatimizda ajralishlar sonining hayratomuz darajadagi yuqori foizi shuni ko‘rsatadiki, minglab odamlar ana shunday nosog‘lom nuqtai nazardan qutulib ketolmaganlar.

Bu juftliklar o‘zlarining ilk soxta fikrlariga asosan yashashmoqda. Biz gapirib o‘tganimizdek, sevgini boshqaruvga bo‘ysunmaydigan hissiyot deya hisoblamaslik kerak. Ko‘pgina juftliklar tanishuvlarining ilk kunlarida bir-birlaridan bir daqiqa ham ayrilishni istashmagan ulug‘vor kayfiyatni yodlarida saqlashadi. Ammo ba’zan to‘ydan so‘ng hissiyotlar so‘nadi. Juftliklar o‘rtasidagi farq ayon bo‘lib qoladi Odamlar mojaro qilishni boshlaydilar. Janjal avjida salbiy his-tuyg‘ularni qo‘zg‘aydigan qattiq so‘zlar gapirib yuboriladi. Juftliklar bir-birlarining yomon taraflarini payqashni boshlaydilar. Bunga esa bola tug‘ilishi va ish bilan bog‘liq tarangliklarni qo‘shing! Ba’zan ajralish hayotni yaxshi tarafga o‘zgartiradigan yagona chora bo‘lib tuyuladi.

O‘z hayotimga nazar tashlab, nikoh qurayotganimizda “oshiq” bo‘lganligimni, lekin asl sevgi haqida hech nimani bilmaganimni tushunaman. Sevib qolish - bu uzluksiz hissiyotlardir. Bu paytda qalbimizga hissiyotlar shunchaki to‘lib-toshadi. Biz bir-birimizning faqat yaxshi taraflarimizni ko‘ramiz. Munosabatlar yanada yaxshi jihatlarimizni yuzaga chiqaradi. Biz o‘zimizni chinakam g‘amxo‘rlardek tutamiz: o‘zimizga ravo ko‘rmaydigan sovg‘alarni hadya qilamiz, bajarib bo‘lmaydigan va’dalarni beramiz va chinakamiga sevib qolgan odamlar kabi yo‘l tutamiz.

Jamiyatshunoslarning ta’kidlashicha,  oddiy oshiq-ma’shuqlikning o‘rtacha davomiyligi ikki yilni tashkil etadi. So‘ngra esa his-tuyg‘ular tinchlanadi, ko‘tarinkilik o‘tib ketadi va odamlar endi sevilmay qolganliklarini payqashadi. Ular hech qaysi biri bajarishni uddalay olmaydigan va’dalar beruvchi xudbinlarga aylanishadi. Ko‘tarinkilik g‘azab, azob, umidsizlik va qo‘rquvga aylanadi.

 

Oshiq-ma’shuqlikning o‘rtacha davomiyligi ikki yil, xolos.

 

Biz sevgining asl mohiyatini anglagan holda, uzoq va mustahkam sevgi munosabatlari yo‘liga qadam qo‘yamiz. Sevgi hatti-harakatlarning o‘zgarishiga olib keladi. Biz sevimli insonimizning baxt-saodati uchun g‘amxo‘rlik qilamiz va sevgimizni namoyon etishning barcha usullarini izlaymiz. Bu juftimizda iliq va yorqin tuyg‘ularni uyg‘otadi. Shunda u bizga aynan shu tarzda javob qaytaradi.

E’tibor bering-a, his-tuyg‘ular sevgi hosilasi hisoblanadi. Ularni sevgining o‘zi deya hisoblamaslik kerak.

 

Men sevishni bilamanmi?

Keyingi haftada nikohdagi (yoki vaqtincha yashab turishdagi) asl sevuvchi kishiga xos xususiyatlarni qanchalik yaxshi namoyon etganingizni noldan o‘ngacha bo‘lgan tizim bo‘yicha baholang Kitobni o‘qishni davom etayotganingizda, o‘zingizning kuchli va zaif tomonlaringizni unutmang

_____ Mehribonlik

 

_____ Sabr-toqat

 

_____ Kechirim

 

_____ Muloyimlik

 

_____ Itoatkorlik

 

_____ Saxiylik

 

_____ Halollik

 

Sevgi hayot tarziga aylanganida

 

Sevgi nikohda hayot tarziga aylanganida, chinakamiga sevuvchi odam fe’l-atvorining yettita xususiyatlari erda ham, xotinda ham erkin holatda namoyon bo‘ladi. Keling, agar sevgi Sharlotta va Jon uchun hayot tarziga aylanganida, ularning hayoti qanday bo‘lishini tasavvur qilib ko‘raylik.

 

Mehribonlik

Oilaviy hayotda sevuvchi odam fe’l-atvorining barcha xususiyatlari muhim, ammo agar ulardan birini tanlashimga to‘g‘ri kelganida, men mehribonlikni tanlagan bo‘lardim. Turmush o‘rtog‘ining manfaatlarini o‘zinikidan yuqori qo‘yish mahorati nikohni baxtli etadi.

Men Jon va Sharlotta bir-birlariga nisbatan mehribon bo‘lmay qolishganini darhol tushundim. Ehtimol, ulardan biri yoki ikkalasi ham bolalar hali yosh ekanliklarida mehribon bo‘lishga urinishgandir, ammo o‘z harakatlariga tegishli javob olmaganlaridan so‘ng boshqa urinmay qo‘ya qolishgan. Ehtimol, ular hech nima qilib bo‘lmasligiga ishonib, qo‘llarini tushirib qo‘ya qolishgandir.

Gapni ko‘pirtirish emas-u, ammo kundalik hayotda mehribonlikning kichik bir ko‘rinishi ham har qanday oilani asrab qolishi mumkin. Mehribonlik, biz juftimizni qadrlashimizdan dalolat beradi. Biz juftimizning ehtiyojlarini e’tirof etib, ularni o‘z ehtiyojlarimizdan avval qondirishga tayyormiz. Buning uchun esa juftimizga sevimli bo‘lish nimani anglatishini tushunishimiz lozim. Jon har ikki haftada uyga durustgina maosh olib kelib, o‘z sevgisini namoyon etgan. Sharlotta esa uning sevgisi “ochiqlikka chiqish” orqali namoyon bo‘lishini istagan. Mabodo Jon xotinini yaxshiroq tushunganida, garchi uning o‘ziga vaqtni bu tariqa o‘tkazish quruq va bema’ni bo‘lib tuyulsada, rafiqasini restoranga taklif etgan bo‘lardi. Ammo Jon bu yo‘sinda o‘z sevgisini ko‘rsatishi mumkin edi, negaki xotinining manfaatlarini o‘zinikidan yuqori qo‘ygan bo‘lardi.

Xuddi shundayin, Sharlotta ham mehribon xotin bo‘lganida, Jonning oilani ta’minlash uchun juda ko‘p ishlashini tushungan bo‘lardi. Garchi eri har doim ham xotinining ko‘nglidagidek ish tutmasada, ayol uning ishini ko‘proq qadrlab, bu haqda ochiq aytgan bo‘lardi. Mehribonlik agarki zaruriyat bo‘lganida xuddi Jon ishga mo‘ljallangan vaqtini qurbon qilganidek, Sharlottaga do‘stlari davrasida o‘tkazgan vaqtini oilasi uchun bag‘ishlashiga undagan bo‘lardi. Mehribon Sharlotta bolalariga qarashib turgani uchun eriga minnatdorchilik bildirib, bu bilan uning fidoyiligini qadrlashini e’tirof etgan bo‘lardi.

Sevgi nikohda hayot tarziga aylanganida, inson ovqat tayyorlaydi, idish-tovoqlarni yuvadi, gilam tozalaydi, itni sayr qildiradi, butoqlarni kesadi, to‘lovlarni amalga oshiradi va bolalarni kiyintiradi - va bularning hammasini yaxshi kayfiyat bilan bajaradi. Uning o‘zi iqror bo‘lmasligi mumkin, ammo uning ko‘rinishi va hatti-harakatlari shunday degandek bo‘ladi: “Senga tushlik tayyorlash menga yoqadi”, “Men chiqindilarni tashlab kelishdan xursandman”.

Sharlotta va Jon bir-birlariga qarshi bo‘lib olishdi. Har biridagi g‘urur juftining hanuz sevishga qodir ekanligini tan olishiga yo‘l qo‘ymaydi. Mehribonlik bo‘lgan oilalarda er-xotinlar o‘zaro hurmat bilan gaplashishadi”. Ha, azob va g‘azabni his etganlarida, ovozlarini ko‘tarishlari mumkin. Biroq ularning so‘zlari hamisha bir-birlarining ahamiyatini ta’kidlab turadi.

Biz uchun yaxshilik qanchalik odatiy tus olsa, bu xususiyat turmush o‘rtoqlarimizda shunchalik tabiiy holga aylanadi. Eng ajoyibi shuki, biz kimgadir qanchalik mehr bilan yondashsak, u bizga shunchalik ko‘proq yoqadi!

 

Sabr-toqat

Biz qanchalik uzoq gaplashganimiz sayin, Sharlotta va Jon oilaviy hayotga  hayratomuz darajada toqat qilayotganlarini yaqqolroq tushunib bordim. Sharlotta bola tug‘ilganidan so‘ng ishga qachon qaytishini sabr bilan kutgan. U erining uchrashuvga taklif etishini toqat bilan kutgan. U har oqshom bolalarini sabr bilan uyquga yotqizgan. Jon esa bolalar parvarishiga yordam berishni sabr-toqatning yuqori darajada namoyon bo‘lishi deya hisoblagan, axir u bunday paytda ish bilan shug‘ullanishi yoki shunchaki televizor ko‘rib o‘tirishi mumkin edi. U uydagi besaranjomlikni ko‘rgan, ammo o‘ta sabr bilan buni xotiniga ko‘rsatmagan. U Sharlottaning do‘stlar  davrasida oqshomni o‘tkazib uyga qaytishini sabr bilan kutgan.

Har bir nikoh kutish bilan bog‘liq - turmush o‘rtog‘imizda fe’l-atvorning muayyan xususiyatlari shakllanishini bir necha yillar davomida kutishga yoki umr yo‘ldoshimiz do‘konda jinsini kiyib ko‘rayotganida yigirma daqiqa kutishga to‘g‘ri kelishi mumkin. Biroq kutish - aslo sabr-toqat emas. Sevgi nikohda hayot tarziga aylanganida, er xotiniga: “Nega sen bunchalik uzoq tayyorgarlik ko‘rishingni tushunmayman” deb ta’kidlamaydi. Sabr-toqat o‘zgarishlarni so‘rashi mumkin, ammo hech qachon talab qilmaydi. Agar o‘zgarishlar baribir yuz bermasa, sabr-toqat juftimizning hali balog‘atga yetmaganligiga bizni ko‘niktirishga undaydi.

Bir erkak menga shunday degandi: “Men xotinim javondan barcha kerakli narsalarni olganidan so‘ng tortmalarini yopib qo‘yishini xohlardim. Biroq ikki yillik birgalikdagi hayotimiz davomida xotinimda bunday harakatga mas’ul bo‘lgan gen yo‘qligini tushundim. Va tortmalarni o‘zim yopishimga to‘g‘ri kelishini tushundim”. Bu oila Jon va Sharlottaning oilasiga qanchalik o‘xshamaydi-ya! Agar ulardan birovi boshqasining o‘rniga nimadir qilsa, buni o‘zi tomonidan qilingan katta bir qarz deya hisoblaydi.

Sabr-toqat bir-birimizning nomukammalligimiz bilan murosa qilishga undaydi. Sharlotta va’da qilgan paytida qaytmasa, Jonning jahli chiqishi yoki bezovta bo‘lishi mumkin. Agar u sabrli inson bo‘lganida, xotinining izohlarini eshitib, uni tushunishga uringan bo‘lardi. Sabr - bu hamma narsani kechirish emas, lekin u o‘z juftidan to‘liq mukammallikni kutish ahmoqlik va bema’nilik ekanligini bizga eslatib turadi.

Sharlotta va Jon o‘z oilalarini yaxshi tarafga o‘zgartirishlari mumkin. Nikoh - bu doimiy o‘sish va rivojlanish jarayoni. Har birimiz boshqalarga yoqmaydigan, ba’zan azob ham beradigan xususiyatlarga egamiz. Sabr-toqat dilsiyohlik va parokandalikni istisno etmaydi, biroq sabrli inson juftidan o‘zgarishini so‘raydi. Turmush o‘rtog‘i baribir o‘zgarmaganida esa, sevuvchi er yoki xotin u bilan qattiq kurashish o‘rniga, uning kamchiliklari bilan murosa qilishni o‘rganadi. Biz juftimizning o‘zgarishidan umid qilamiz, lekin bizning sevgimiz o‘zgarishlarga bog‘liq emas.

 

Sevgi turmush o‘rtog‘imizning yaxshi tarafga o‘zgarish-o‘zgarmasligiga bog‘liq emas.

 

Kechirim

Agar sevgi Jon va Sharlotta uchun hayot timsoli bo‘lganida, Sharlotta o‘zi rejalashtirganidan ko‘proq ushlanib qolgani uchun darhol kechirim so‘ragan bo‘lardi, Jon esa uning uzrini qabul qilib, bu voqeadan so‘ng uni hadeb koyiyvermasdi Haqiqiy sevgi Jonga o‘z zaifliklarini va bo‘lgan voqealar uchun o‘z javobgarligini anglab yetishiga yordam berdi. Hoynahoy, u o‘tgan barcha yillar mobaynida ilk bora bolalarini o‘zi maktabdan olib kelib, ular bilan oqshom bo‘yi suhbat o‘tkazdi - va buni faqat bosim ostida qilishga rozi bo‘ldi. Agar Jon kechirim ruhiga to‘la bo‘lganida, Sharlotta aynan uning xudbinligi tufayli do‘stlari bilan vaqt o‘tkazishni shunchalik istab qolganini tushungan bo‘lardi.

Menga ayon ediki, Jon bilan yuz bergan mojaro er-xotinlardan biri o‘zini ranjitilgan his qilgan voqealar zanjirining biri edi, xolos. Jon ham, Sharlotta ham o‘z nikohlari, ishda o‘tkazgan soatlari va hatto juftilarining bolalarga bo‘lgan munosabatini ranj bilan gapirishdi.

Agar sevgi ular uchun hayot ifodasiga aylanganida edi, er-xotinlar bunday his-tuyg‘ularning qalblarida o‘sib borishiga yo‘l qo‘ymagan bo‘lishardi. Ha, albatta, ular vaqti-vaqti bilan, ongli ravishda yoki o‘zlari bilmagan holda, bir-birlarini xafa qilishgan. Ammo shu bilan birgalikda, xafa qilgan odam darhol kechirim so‘raganida, ranjitilgan taraf xursandchilik bilan uni kechirgan bo‘lardi, negaki ikkalasi ham uzoq davom etadigan ijobiy munosabatlar kechirimsiz mumkin emasligini yodda tutgan bo‘lishardi.

 

Muloyimlik

Bizdagi nikoh madaniyatida muloyimlik oilaviy hayotning ajralmas qismi deya hisoblanmaydi. Ishdan qaytgan turmush o‘rtog‘i uchun eshikni ochish yoki xotiniga bir stakan suvni uzatishning nima qiyinchiligi bor? Bularning hammasi uzoq davom etadigan munosabatlarda diqqatga arzimaydigan mayda-chuydalardek tuyuladi. Biroq muloyimlik boshqa odamning qadr-qimmatini tan olish va do‘stlikni namoyon etish bo‘lsa, turmush o‘rtog‘iga nisbatan xushmuomalalik o‘zaro munosabatlarni mustahkamlashga tayyorgarlikni ko‘rsatish demakdir. Bu o‘ta muhim, negaki baxtli nikohning kaliti nafaqat sevgi, balki do‘stlik hamdir. Eng baxtli er-xotinlar nafaqat oshiq-ma’shuq yoki yonma-yon yashaydiganlar emas, balki do‘stlar ham bo‘lib chiqishadi.

Nikohda muloyimlikning yo‘qligi er-xotinlar uchun sevgi hayot timsoli emasligining belgilaridan biridir. Men Jon va Sharlottada bunday belgilarni darhol payqadim. Ular mening xonamga o‘zlari bilan jahlni olib kelishdi. Har biri o‘zining nuqtai nazariga yopishib olishga tayyor edi. Suhbatimiz mobaynida ular bir-birlarining gaplarini bo‘lishdi, bir-birlariga keskin gapirishdi, bir-birlarini ayblashdi va bir-birlarining ko‘zlariga qaramaslikka urinishdi.

Ularning tarixi nikohda er-xotinlar xushmuomalalik haqida qay tariqa asta-sekin unutib borishlarini ko‘rsatadi. Xushmuomalalik Sharlottani do‘stlari davrasida ushlanib qolishidan avval uyga qo‘ng‘iroq qilishga undagan bo‘lardi. Ehtimol, u eriga bolalarini o‘sha kuni maktabdan olib kelgani uchun minnatdorchilik bildirishi kerak bo‘lgandir. Agar qo‘shni uning bolalarini olib kelganida, u aynan shunday qilgan bo‘lardi. Lekin bunday vaziyatda u erining so‘zlariga tiralib oldi, barcha noqulayliklarni aniqlashtirish va munosabatlarni mustahkamlash o‘rniga erining atay jig‘iga tegmoqchi bo‘lgandek turli gaplarni o‘ylab topdi.

Agar Jon bunday xizmatni do‘stiga ko‘rsatishga rozi bo‘lganida, u o‘zining majburiyatlariga ijobiyroq yondashgan bo‘lardi. U Sharlottaga dolchinli pirojnoy olib kelganini eslaysizmi? Ko‘rinib turibdiki, to‘ydan bir necha yid o‘tgandan so‘ng xotinining chuqur, ichki ehtiyojlarini qondirishni istamasligi uning mayda iltimoslarini nazarga ilmaslik holatlari bilan boshlangan.

Oilaviy turmushda sevgi hayot tarziga aylanganida, er va xotin bir-birlarining aytgan so‘zlarini to‘g‘ri tushunganliklariga ishonch hosil qilish maqsadida savollar berishni boshlaydilar. Qichqiriq va to‘polonlar ular uchun hayot tarziga aylanmaydi. Agar er xotini uchun mashina eshigini ochish yoqimli ekanini payqasa, u shunday qiladi. Agar u ayolining bunga e’tibor bermayotganini ko‘rsa, bemalol shunday qilmasligi ham mumkin. Nazokatli er-xotinlar boshqa odamlar huzurida bir-birlariga iltifotli so‘zlar aytayotganlarini tez-tez eshitish mumkin, ular bir-birlariga mayda-chuyda xizmatlari uchun ham tashakkur aytishadi. Ular uchun muloyimlikning odatiy bu harakatlari kundalik hayotlariga ulkan ta’sir ko‘rsatadi.

To‘g‘onda teshikdan suvning sizib oqishi jiddiy muammolardan darak bergani kabi, oilada xushmuomalalikning yo‘qligi er-xotinlar bir-birlarini qadrlamay qo‘yganlaridan dalolat beradi. Sevgini namoyon etishda “mayda-chuyda”larga e’tibor bermaslik oqibatlari aslida ularning ahamiyati qanchalik muhim ekanligini bizga eslatib turadi.

 

Sevgini namoyon etishda “mayda-chuyda”larga e’tibor bermaslik oqibatlari aslida ularning ahamiyati qanchalik muhim ekanligini bizga eslatib turadi.

 

Itoatkorlik

Jon va Sharlotta endigina turmush qurganlarida, bir-birlari uchun har narsaga tayyor bo‘lishgan bo‘lsalar kerak. Ular kamtarona yashashgan va har biri o‘zlari tanlagan mashg‘ulot bilan shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan. Ikkalasi ham juftining haddan ziyod ko‘p ishlamasligi uchun o‘ziga qo‘shimcha ish izlagan. Ular bu vaqtda boshqa ish bilan shug‘ullanishni afzal bilgan bo‘lsalarda, ota-onalarini borib ko‘rishgan. Har biri shunday qilgan, negaki o‘zining “ikkinchi bo‘lagi”ni qadrlagan. Ular o‘z sevgilariga shunchalik ishonar edilarki, har biri o‘z jufti uchun yon berishga tayyor edi. Endi esa ular mening xonamda o‘tirishibdi va birortasi ham boshqasi uchun uyni yig‘ishtirib qo‘yishni istamaydi. Ularga nima bo‘ldi o‘zi?

Sharlotta, nega ish faoliyatidagi mavqeidan voz kechishi kerakligini tushunmasligini aytganida, Jon esa hatto uy yumushlari bilan shug‘ullanish unga yoqishini bildirganida, ikkalasiga ham ishondim. Har holda Sharlotta o‘z vaqtida yon berib, Jonning ish faoliyatini yuksaltirishiga izn bergan. Biroq ayni vaqtda u erining buni e’tirof etishini kutgan. Ayol o‘zining nimalarni baxsh etganini eri qadrlashini istagan. Ammo bunday e’tirofni eshitmay, yuragida ranj-alam uyg‘ongan. Uning xafagarchiligi ortib borgan. Sharlotta oilaviy hayotlarining dastlabki paytlarida o‘zini ongli tarzda kamtarona tutgan, negaki u bunday yondashuvi er-xotinlik munosabatlarida foyda keltirishiga ishongan. Endi esa uning o‘zi -atti-harakatlarining to‘g‘ri ekanligiga shubha qilmoqda.

Mazkur kitobning boshida itoatkorlik haqida gapirganimizda, biz uni “boshqa odamning qadr-qimmatini ta’kidlash uchun insonga o‘z shaxsiy manfaatlarini qurbon qilishiga izn beradigan qalb halovati” deya ta’rif berdik. Agar biz o‘z turmush o‘rtoqlarimizni chindan ham qadrlasak, ularning hayotda rivojlanib borishlarini har narsadan ko‘proq istaymiz. Ruhiy itoatkorlik bizga qalb halovatini beradi. Bizning nazarimizda ularning yutuqlari biznikini qandaydir cheklab qo‘yadigandek tuyuladi.

Erining ishdagi yuksalishlarini o‘zinikidan yuqori qo‘yganda, yoki do‘stlariga biror qiziq voqeani aytgisi kelganida buni xotiniga qo‘yib berganida, yoxud turmush o‘rtog‘ining muhim mavzu yuzasidan chiqish qilishiga ko‘maklashganda, ehtimol siz shaxsiy muvaffaqiyatga erishmayotgan bo‘lishingiz mumkin.  Ammo asl sevgi muvaffaqiyat tushunchasining mazmunini o‘zgartira olishini yodingizda saqlang. Haqiqiy muvaffaqiyat munosabatlarni mustahkamlash maqsadida o‘z juftining ahamiyatini ta’kidlash istagidan hosil bo‘ladi, buning uchun muayyan bir qurbonliklar qilishga to‘g‘ri kelsa ham.

 

Saxovat

“Hozirda Jonning nimasi sizga ko‘proq yoqadi?” - men Sharlottadan so‘radim.

“Menga uning ishdan qaytgan payti o‘pib qo‘yishi yoqadi. Men uyqu oldidan uning men bilan ko‘proq gaplashishini, suhbatimiz faqat bolalar mavzusi bilan cheklanib qolmasligini istayman Men uning ba’zan enagaga o‘zi qo‘ng‘iroq qilib qo‘yishini va meni restoranga kechki ovqatga taklif etishini xohlayman”,

So‘ngra Jonga ham shu savolni berdim:

“Men oilamiz uchun imkon qadar ko‘proq harakat qilayotganimni Sharlotta tushunishini istayman. Men goho dam olish kunlari u meni o‘z holimga qo‘yishini xohlayman. Men uning oshxona yumushlarini menga yuklamay, ko‘proq o‘zi bu bilan mashg‘ul bo‘lishini istayman. Va oilamizdagi muammolarni faqat mening aybimdek ta’kidlashini bas qilishini xohlayman”.

Sharlotta erining unga ko‘proq e’tibor va vaqt ajratishini istagan. Jon esa o‘z vaqtini ayamay sarflayotganiga ishonadi, negaki kun bo‘yi ishlasa-da, uy yumushlarida ham yordam beradi. Sharlotta erining sevgisini his qilmagan, negaki u Jonning yonida o‘tirib suhbat qilishini istagan. Er uchun esa bu katta qurbonlik hisoblangan, negaki buning oqibatida ko‘pgina ishlarga ulgurmay qolardi.

Biroq Jon ham o‘zini ranjitilgan deya hisoblaydi. Nikohlarining dastlabki kunlarida Sharlotta uy yumushlari bilan ko‘proq shug‘ullangan va ishxonada Jonning lavozimi ko‘tarilganida yoki oyligiga qo‘shimcha qilishganida juda xursand bo‘lgan. Endi esa ayol eri uchun nima qilmasin, barchasi oilaviy hayotidan qoniqmaslik tuyg‘usi bilan qoplangan.

Sevgi oilada hayot ifodasiga aylanganida, er ham, xotin ham bir-birlarining hayotlarini yengillashtirish va yaxshilash yo‘llarini izlashadi. Eng avvalo, ular bir-birlariga vaqtlarini bag‘ishlaydilar. Kechqurun divanda yonma-yon o‘tirib yigirma daqiqa muloqot qilish Jonning er-xotinlarning “to‘g‘ri” munosabatlari haqidagi tasavvuriga mos kelmasligi mumkin. Ammo xotini uchun buning muhim ekanligini payqagan holda, u shunday arzimas holat uchun sevgi haqqi-hurmati vaqt topishi mumkin.

Bir-birlarini chinakamiga sevadigan er-xotinlar o‘z qobiliyatlarini ham baham ko‘rishga tayyor bo‘lishadi. Mazali taom tayyorlash, o‘t o‘rish moslamasini tuzatish, kiyimni dazmollash va mebel ta’mirlashni bilish - bu qobiliyatlarni qo‘llash asl sevgini namoyon etishi mumkin.

Sevgi singdirilgan nikohda saxovat er-xotinlarning pulni qanday ishlatishlariga ham ta’sir ko‘rsatadi. Ular o‘zlarining moliyaviy holatlarini ochiqchasiga muhokama qilishadi va birgalikda qaror qabul qilishadi, bu esa o‘zaro hurmat va har birining qadr-qimmatini ta’kidlab turadi. Ular pulni “meniki” va “seniki”ga ajratishmaydi. Pul ular uchun “bizniki” bo‘ladi. Ikkalasidan qaysi biri ko‘proq qurbonlik qilayotgani va ko‘proq pul topayotganini aslo aniqlay olmayotgan Sharlotta va Jondan farqli tarzda bir-birlarini chinakamiga sevadigan er-xotinlar o‘zlarini bir jamoa deya hisoblashadi. Kimning ko‘proq pul topayotgani muhim emas. Ular o‘z hayotlarining yaxshilanishi uchun birgalikda mehnat qilishadi, topganlarini esa birgalikdagi harakatlarining natijasi deya hisoblashadi.

Men Jon va Sharlottaning oila davrasiga daxli bo‘lmagan odamlarga nisbatan saxiylik ko‘rsatish haqida biror so‘z aytmaganliklarini qayd etdim. Oila ichidagi saxiylik oiladan tashqarida ham saxovat ko‘rsatishga olib boradi. Biroq buning teskarisi ham hayotda bo‘ladi. Boshqa odamlarga saxovat ko‘rsatish bizga o‘z muammolarimizni anglashimizga yordam beradi. Jon va Sharlotta o‘zlariga shunchalik darajada e’tibor berdilarki, oilaviy hayotda ular uchun asosiy afzallik, - bolalarga g‘amxo‘rlik qilishdan tashqari, - faqat o‘z ehtiyojlarini qondirishdan iborat bo‘lib qoldi.

 

Halollik

Nikohda sevgi hayot ifodasiga aylanganida, er ham, xotin ham xafagarchiliklar o‘z munosabatlariga ta’sir ko‘rsatishiga yo‘l qo‘yishmaydi. Sevgi shunday deydi: “Ehtimol, men yanglishayotgandirman, ammo shuni his qilyapman... Biz xuddi shunday qilishning boshqa usullarini topolmaymizmi?” Sevgi talablar qo‘ymaydi, ammo er ham, xotin ham o‘zaro hurmatni his qiladigan yo‘llarni izlaydi.

Sharlotta va Jon bir-birlariga nisbatan rostgo‘y bo‘lishning ko‘plab imkoniyatlarini boy berib qo‘yishgan. Agar Sharlotta o‘z ishini tashlagani uchun Jondan ruhlantiruvchi so‘zlarni eshitish istagini bildirganida edi, balki yillar mobaynida bu ranj-alamlar to‘planib qolmagan bo‘lardi. Biroq ayol oilaviy hayotlaridagi bu muhim qadamni qo‘yishga qaror qilganini er o‘zi anglab yetishini jimgina kutib yurgan.

Jon esa kattagina mablag‘ni ishlab topish zaruriyati o‘zi uchun og‘ir yuk bo‘lganligini Sharlottaga hech qachon aytmagan. Uning nazarida bu kabi xavotirlar zaiflikni namoyon etish bo‘lib tuyulgan. O‘z fikr-tuyg‘ularini baham ko‘rishni istamaslik hayotning boshqa jabhalarida ham namoyon bo‘lgan. Sharlotta uyiga qo‘ng‘iroq qilgan o‘sha oqshomda Jon xushmuomalalik ko‘rsatishi qiyin emasdi, biroq ochiq tan olib aytishicha, u xotinining uyga o‘z vaqtida qaytib, bolalarga uy vazifalarini bajarishlariga yordam berishini xohlagan.

Holatlarni aniqlash va o‘z kechinmalarini aniq bayon etish zaiflik alomati hisoblanmaydi. Eng sevuvchi er-xotinlar o‘ylayotgan fikrlarini turmush o‘rtoqlari o‘qiy olishi lozim deya hisoblashmaydi. Yaqinda do‘stim shunday deb qoldi: “Xotinim o‘z tuyg‘ulari haqida gapirsa, bu menga yoqadi. Ana shunda nega uning o‘tirib olib, menga hurpayib qarayotgani haqida bosh qotirishimga hojat qolmaydi”. Vaqt o‘tgani sayin so‘zsiz ranj-alam oilaviy munosabatlarga jiddiy zarar yetkazishi mumkin. Asl sevgi sevuvchi inson fe’l-atvorining xususiyatlari haqida unutmagan holda, haqiqatni gapirishga bizni da’vat etadi.

Kichik bir yolg‘on yoki ma’lumotni yashirish nafaqat xafagarchilikka, balki kelgusida ham aldovlarga olib boradi. Jon va Sharlotta oilani saqlab qolish uchun yordamga muhtoj ekanliklarini tan olib, bu borada jiddiy qadam qo‘yishdi. Ular shu tariqa o‘zlariga odat bo‘lgan xudbinona yolg‘ondan voz kechishdi.

 

Haqiqiy qoniqish

 

Agar biz chinakamiga sevuvchi odam fe’l-atvorining xususiyatlariga ega bo‘lmasak, oshiq-ma’shuqlikning baland kayfiyati o‘tib ketganida, xudbin tabiatimiz ustun chiqib qolishi mumkin. Biz chinakamiga sevishni o‘rganib, har qanday o‘tkinchi ko‘tarinkilikka nisbatan  ko‘proq rohat baxsh etadigan chuqur munosabatlarni qurish imkoniyatini qo‘lga kiritamiz.

Men er va xotin bir-birlariga xizmat qilish va o‘z sevgilarini namoyon etish, ayni vaqtda o‘z qiziqish va bilimlarini rivojlantirish imkonini qo‘lga kiritishlari uchun nikoh o‘ylab topilganligiga ishonaman. Biz bir-birimizning sevgimizga ishonsak, uyimiz - bizning qo‘rg‘onimiz ekanligini bilgan holda boshqa odamlarga xizmat qilishimiz mumkin.

Nikoh odamlarni baxtsiz qilishi kerak emas. Nikoh - sevgi, xizmat qilish va ulug‘ quvonch maktabidir. Nikoh boshqa biror vaziyatda siz erisholmaydigan darajada sevuvchi odam bo‘lishingizga yordam beradi. Sevgi hayot tarziga aylanganida, nikoh o‘zining eng oliy vazifasini bajaradi.

 

Siz haqingizda suhbatlashamiz

 

Mulohaza uchun savollar

1. Turmush o‘rtog‘ingiz bilan o‘rtalaringizda yaqinda bo‘lib o‘tgan mojaroni eslang. Uni bu janjalda ayblashni istadingizmi? Agar shunday bo‘lsa, bu istagingizni qanday namoyon etdingiz?

2. Garchi turmush o‘rtog‘ingiz sizga shu zaylda javob qaytarmagan bo‘lsada, unga qachon sevgingizni namoyon etganingizni eslang. Uning bunday munosabati sizga qanday ta’sir qildi?

3. Chinakamiga sevuvchi odam fe’l-atvorining qaysi xususiyatlarini o‘z nikohingizda namoyon etish siz uchun osonroq? Ushbu haftada ularni turmush o‘rtog‘ingizga nisbatan qanday aks ettirdingiz?

Umr yo‘ldoshi bilan muhokama uchun savollar

1. Munosabatlaringizdagi o‘zaro bir-biringizga xizmat qilish darajasini qanday baholaysiz?

2. Agar siz o‘zaro munosabatlaringizda nimanidir o‘zgartira olsangiz, nimalar qilgan bo‘lardingiz?

3. Aksariyat er-xotinlar birgina masalada takror va takror mojaro qilib turishlarini aytishadi. Oxirgi marotaba nima sababdan bahslashib qolganingizni eslang. Yaqinda bo‘lib o‘tgan janjalni - hatto kam ahamiyatli sabab bo‘lsin - eslashga urinib ko‘ring. Agar har biringiz chinakamiga sevuvchi odam fe’l-atvorining yettita xususiyatlariga ega bo‘lganida, suhbatlaringiz qanday kechgan bo‘lardi? Jon va Sharlotta misolida keltirib o‘tilganidek, har bir xususiyatni birin-ketin tahlil qiling. Ulardan har biri kelajakda harakatlaringizni o‘zgartirishga qodir ekanligi haqida o‘ylab ko‘ring.

 


Аудио Книга на Узбекском языке: Любовь как образ жизни (Гэри Чепмен) 2020г

Описание книги: Гэри Чепмен – признанный во всем мире гуру в вопросах любви и отношений. Его книги переведены на 37 языков и совершили настоящий переворот в жизни миллионов людей во всем мире. «Любовь как образ жизни» – книга, которую ждали. Это логическое завершение бестселлера «Пять языков любви». Чепмен предлагает мудрое, ненавязчивое руководство по построению гармоничных отношений со всеми, с кем сталкивает нас жизнь. Тесты и задания помогут вам развить семь личных качеств, которые кардинально изменят вашу жизнь. С помощью этой книги вы не только сами станете счастливее, но и сделаете счастливыми других.



Shu bobni eshitish:


AUDIOKITOB ►
butun kitobni tinglang

Kitoblar

Qaysi kitoblarni tinglashni istaysiz?
Qaysi kitoblarni tinglashni istaysiz?

docs.google.com/forms

Xush kelibsiz!

Яхши аудио Китоблар
Audiokitoblar Uzbek tilida


Kinolar va Multiklar
Kinolar Uzbek tilida


Audiokitob - Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd
Audiokitob Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd


Аудио Кутубхона
Audiokitob Uzbek tilida

Telegram bot: @audio_kito_bot
Kanal: @kitoblar_elektron_uz



Sharhlar

...ҳар куни — байрамнинг биринчи кунидан охирги кунигача Худонинг Таврот китобидан ўқиб берди...

...kunidan oxirgi kunigacha Xudoning Tavrot kitobidan o‘qib berdi...
Naximiyo 8:18



Yaxshi audio kitoblarni yuklab oling uzbek tilidagi

Фарзандингиз учун қай тариқа чўпон бўлиш мумкин? (Тед Трипп)    Энага яна ёрдамга шошади (Мишель Лароу)    Сандон устида (Макс Лукадо)  Гувохлик ва биография (Николай Бойко Ерофеевич)    Турмуш ўртоғингиз нотўғри ёъл тутганда, Сиз тоғри ёъл тудинг (Лесли Верник)    Матонат соҳиби (Джош Макдауелл)    Бахтли оила (Абдулла Рашидов)    Zamonamiz durdonasi (Nikolay Boyko)    Худди Исо Каби (Макс Лукадо)    Уни Нажоткор деб аташлари таажжубли эмас (Макс Лукадо)    Дарбадар ўгилнинг қайтиши (Генри Нувен)    Худо жуда яқин келди (Макс Лукадо)    Эски Аҳд аёллари ҳақида вазлар (Чарлз Спержен)    Iso bizning taqdirimiz (Vilgelm Bush)    Сиз осмонда қилолмайдиган иш (Марк Кехилл)    Дарбадар ўғил (Чарлз Спержен)    Ҳомиладорлигим кундалиги (Вера Самарина)    Иброҳимнинг оиласи: парчаланган шажарани шифолаш (Дон Мак-Керри)    Зулматдаги нур (Доктор Джеймс ва Ширли Добсон)    Митти Тиллақўнғиз ва Серқуёш ўтлоқзор аҳолиси (Майя Огородникова)    Подшоҳнинг сири  (Урусла Марк)    Яна қароқчилар қўлидами? (Урусла Марк)    Қароқчиларникидай  эмас (Марк Урусла)    Эътиқод уфқлари (Георгий Винс)    (Биродар Андрей ва Алекс Янсен) Сирли масиҳийлар    Масиҳийлик таълимоти асослари (Роберт Спраул)    Ҳаёт бўронларига бардош беринг (Пол Эстебрукс)    Абадийликка ишонаман (Николай Ерофеевич Бойко)    Ўсмир ибодатининг кучи (Сторми Омартиан) kitob Uzbek tilida    Чегарасиз хает (Ник Вуйчич) kitob Uzbek tilida    Севимли инсоннинг ҳаёти (Генри Нувен) kitob Uzbek tilida    Довюраклар (Макс Лукадо) kitob Uzbek tilida    Бирга қилинган ибодатнинг қудрати (Сторми Омартиан) kitob Uzbek tilida    Хузур халоват амрлари (Джон Макартур) kitob Uzbek tilida    Саботли инсон (Джош Макдауелл) kitob Uzbek tilida    Shijoatkor (Nik Vuychich) kitob Uzbek tilida    Мақсад Сари Йўналтирилган Ҳаёт (Рик Уоррен) kitob Uzbek tilida    Чалғитиш номли душман (Джон Мэйсон) kitob Uzbek tilida    Мафтункор Гўзаллик (Джон ва Стейси Элдридж) kitob Uzbek tilida    Севги ва ҳурмат (Эмерсон Эггерих) kitob Uzbek tilida    Ayollar... (Nensi Demoss) kitob Uzbek tilida    Хакиат асоси (Джон Стотт) kitob Uzbek tilida    ИБОДАТГЎЙ АЁЛНИНГ КУЧИ (СТОРМИ ОМАРТИАН) kitob Uzbek tilida    ТЎҒРИ ҚАРОР (Джош ва Дотти Макдауэлл) kitob Uzbek tilida    Нега? (Филип Янси) kitob Uzbek tilida    Hayotdagi yetakchilik va ijodiy salohiyat (Rik Joyner) kitob Uzbek tilida    Ishayo 53 sharxlar (Mitch Gleyzer) kitob Uzbek tilida    Xudoga qay tarzda manzur bolish mumkin (Robert Charlz Spraul) kitob Uzbek tilida    Mukaddas ruxning siri (Robert Charlz Spraul) kitob Uzbek tilida    Ota-ona ibodatining kuchi (Stormi Omartian) kitob Uzbek tilida    Muhabbat tilsimi (Djosh Makdauell) kitob Uzbek tilida    Xudoning qalbiga mos erkak (Jim Jorj) kitob Uzbek tilida    Enaga yordamga shoshadi (Mishel Larou) kitob Uzbek tilida    Bolaning nazaridagi qahramon (Djosh Makdauell) kitob Uzbek tilida    G‘alamisning xati (Klayv Steyplz Lyuis) kitob Uzbek tilida    Dolzarb Savollarga Javoblar (James Paker) kitob Uzbek tilida    kitob Uzbek tilida    kitob Uzbek tilida    kitob Uzbek tilida    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Bolalar Audiokitob Uzbekcha    Bolalar kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Hamdu Sanolar Uzbekcha    Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musika



Kitobook – Kitoblar, AudioKitoblar: Инжил ва Muqaddas Kitob ва Инжил Каракалпак