Sevgi hayot tarzi sifatida (Geri Chepmen G.) 8 bob

Kitob O'zbek tilida (Audiokitob) - Geri Chepmen. Sevgi hayot tarzi sifatida

Китоб PDF | Kitob PDF (latin)

Книга на Узбекском языке

Mundarija

So‘z boshi

1 bob. Birinchi qism. Biz nega sevishni xohlaymiz? Sevgidagi hayot chuqur qoniqish tuyg‘usini beradi

2 bob. Ikkinchi qism. Sevgining yettita siri. Ezgulik. Hayot quvonchini o‘zing uchun emas, balki boshqalar uchun kashf etgin

3 bob. Sabr-toqat. Boshqa odamlarning nomukammal ekanligiga ko‘nikkin

4 bob. Kechirim. G‘azabdan voz kech

5 bob. Xushmuomalalik. Atrofdagilarga xuddi do‘stlardek munosabatda bo‘lgin

6 bob. Itoatkorlik. Boshqa kishi qad rostlashi uchun sen engash

7 bob. Saxiylik. O‘zingni atrofdagilarga bag‘ishla

8 bob. Halollik. O‘zingni angla

9 bob. Uchinchi qism. Nikohda sevgini hayot timsoliga aylantir

10 bob. Bolalar bilan munosabatda sevgini hayot tarziga aylantir

11 bob. Ish faoliyatingda sevgini hayot tarziga aylantir

12 bob. Sevgi undovi

13 bob. Xotima

Asarning qisqacha mazmuni

Geri Chepmen - sevgi va munosabatlar masalasida butun dunyoga mashhur guru. Uning kitoblari 37 tilga tarjima qilingan bo‘lib, olamdagi millionlab kishilar hayotida haqiqiy burilish yasagan. “Sevgi hayot tarzi sifatida” - mushtariylar kutgan kitob. Bu asar “Sevgining beshta tili” bestsellerining mantiqiy yakunidir. Chepmen hayot bizni uchrashtiradigan barcha bilan uyg‘un munosabatlarni aqlli, erkin ruhdagi boshqaruv asosida qurishni taklif etadi.   Test va topshiriqlar hayotingizni tubdan o‘zgartiradigan yettita xos xususiyatlaringizni rivojlantirishga yordam beradi. Mazkur kitob yordami bilan o‘zingiz baxtli bo‘libgina qolmay, balki boshqalarni ham baxtiyor etasiz.

Geri Chepmen G. Sevgi hayot tarzi sifatida

Sakkizinchi bob. Halollik. O‘zingni angla

Haqiqat - shunchalik kamyobki, u haqda gapirish - chinakam lazzatdir.

Emili Dikinson

 

Joy va Bekka telefon kompaniyasi marketing bo‘limida bir necha oylik farq bilan ish boshladilar. Joy xizmat faoliyatida ko‘tarilishni haqqoniy boshlashni juda istardi. U bor kuchi bilan boshliqda yaxshi taassurot qoldirishga urindi. Bekka ham rahbariyatga yoqishni istardi, biroq ish uning uchun eng avvalo mablag‘ topish manbai hisoblanardi, negaki u turmushga chiqqan bo‘lib oilasi bor edi.

Qizlar bir-birlari bilan tanishib qolishdi. Ular tushlik chog‘ida o‘zaro muloqot qilishni yoqtirishardi, ba’zan esa hatto ishdan so‘ng birgalikda kechki ovqatdan bahra olishardi. Ularni og‘ir mehnat, kichkina xizmat xonasi va kam oylikdan umumiy norozilik hissi o‘zaro yaqinlashtirdi.

Ammo kunlardan birida Bekka o‘ziga ishda kattaroq vazifani taklif etishganini quvonch bilan ma’lum qildi. U yangi vazifada ko‘proq pul olgan bo‘lardi, boz ustiga nufuzi ham ortadi. Bekka ishonch bilan xizmatda yuqorilay boshladi.

Joy dugonasining yutuqlaridan quvonishni istardi, lekin o‘z tuyg‘ularini boshqarish unga juda qiyin kechardi. Nega Bekka bu kompaniyada uzoq vaqt qolib ishlashga intilmagan bo‘lsa ham, yuqori vazifaga ko‘tarildi?

Joy keyingi bir necha oy davomida dugonasi bilan uchrashib qolishdan o‘zini chetga tortish uchun turli sabablar izladi. Bekka esa javoban unga telefon orqali shu kabi quvnoq xabarlarni tinmay jo‘nataverdi: “Men filni yeb qo‘yishga tayyorman. Tushlik qilishni istamaysanmi?” Joy Bekkaning yangi xonasi uchun chiroyli gullar sovg‘a qildi, ammo laqillashib o‘tirish uchun qolmadi. Qizlar tez orada bir-birlari bilan hatto salomlashmay qo‘yishdi.

“Axir siz Bekka bilan dugona emasmidingiz?” - boshqa bir xodima Joydan so‘rab qoldi. Qiz kun bo‘yi ana shu so‘zlar haqida o‘yladi. U Bekkaning yuqori vazifaga ko‘tarilishidan xafa bo‘lganiga o‘z g‘ururi sababchi ekanligi tushundi, aynan shu bois u dugonasidan ayrildi. Joy mashinaga o‘tirib, Bekkaning uyiga bordi.

“Men hasad qildim, - dedi u dugonasiga to‘g‘ridan to‘g‘ri eshikning oldida. - Ana shu vazifani men egallamoqchi bo‘lgandim, sen esa bu haqda hatto o‘ylamagansan. Bu ish aslida senga muhim ham emasdi! Biroq o‘zimni shunday tutganimdan afsuslanaman”.

Bekka Joyga uyga kirishini taklif etdi. Ular rostgo‘ylik bilan o‘z muammolarini muhokama etishdi. Suhbat yakunida ikkalasi ham holdan toyib qolgandi, ammo ularning munosabatlarida nimadir o‘zgardi. Ular endi hech qachon yurakda g‘azabni to‘plamaslikka qaror qilishib, tezda do‘stliklarini yana tiklashdi. Qizlar bir-birlariga nisbatan to‘g‘riso‘z bo‘lishga qaror qildilar. Joy o‘z to‘yg‘ulariga ochiqchasiga iqror bo‘lib, dugonasining yutuqlaridan quvonch tuyg‘usini his etdi. Bekka esa o‘z hayajon va qo‘rquvlari haqida so‘zlay oldi. U Joyga butunlay ishonish mumkinligini tushundi.

Men ruhshunoslik faoliyatim davomida to‘g‘riso‘zlik yoki yolg‘on munosabatlarga kuchli ta’sir ko‘rsatishiga ishonch hosil qildim. Agar munosabatlaringizda rostgo‘ylik bo‘lmasa, nimaga iqror bo‘lishingiz - bu mayda-chuyda narsalar yoki jiddiy qilmishlar, misol uchun, nikohdan tashqaridagi aloqalar bo‘lishi mumkin, - muhim emas, bunda asl sevgiga hojat ham qolmaydi.

Albatta, biz insonni to‘g‘riso‘z bo‘lishga majburlay olmaymiz. Biroq o‘zimiz rostgo‘y bo‘lsak, boshqalarni sevishimiz va ular bizni sevib qolishlariga yordam berishimiz mumkin. Chinakamiga sevuvchi odam fe’l-atvorining boshqa xususiyatlari rostgo‘ylik bo‘lmasa mutlaqo ma’nosiz bo‘lib qoladi.

Men to‘g‘riso‘zmanmi?

Biz ushbu bobda turli odamlar yolg‘onga turlicha yondashishlari haqida so‘z yuritamiz. Siz bu haqda nima o‘ylayotganingizni aniqlash uchun, keling, kichkina test o‘tkazib ko‘raylik. Quyidagi fikrlarni noldan beshgacha bo‘lgan shkala bo‘yicha baholang, bunda nol “hech qachon”, besh esa “hamisha” ma’nolarini anglatadi.

1. O‘zimni yoki boshqalarni himoya qilish uchun ozgina yolg‘on ishlatish mumkin.

2. Agar ishonch bilan gapirayotgan bo‘lsam, so‘zlarimning to‘g‘ri-noto‘g‘ri ekanligiga ishonishim shart emas.

3. Agar rahbarim hamma qaysidir taraflama qoida buzayotganini bilsa, demak, men ham buzishim mumkin.

4. Men o‘z fikrlarida qat’iy turishim qiyin, negaki chindan ham haq ekanligimga ishonchim komil emas.

5. Agar biror kishiga haqiqatni aytganimda yoqmasa, bu uning muammosi.

Xulosa qiling. Agar siz besh yoki undan kamroq ball to‘plagan bo‘lsangiz, demak, sevgi ila haqiqatni aytish istagidasiz. Agar siz bundan ko‘proq ball to‘plagan bo‘lsangiz, mazkur bob sizni haqiqatning muhimligiga yangicha nazar bilan qarashga undaydi. Biz chinakamiga sevishni boshlaganimizda, o‘zimiz uchun halollik qanchalik muhim tus olishi hayratda qoldiradi.

 

Sevgi tafsifi

 

Men ushbu kitob ustida ishlayotganimda, ko‘plab odamlar bilan hamsuhbat bo‘ldim. Men ulardan o‘zlari chindan ham sevimli deya hisoblayligan odamning ismini aytishlarini so‘radim. So‘ngra ularga bir qator savollar berdim: “Nega shunday deb o‘ylaysiz?” Bu odam fe’l-atvorining qaysi xususiyatlari uni chinakamiga sevimli odam deb hisoblashingizga asos beradi?”

Menga ko‘proq biz sizlar bilan gaplashib o‘tgan xususiyatlar haqida aytishdi. Menga sevuvchi odam mehribon, sabr-toqatli, kechira oladigan, kamtarin, muloyim va saxiy bo‘lishi kerakligini aytishardi. Biroq juda ko‘pchilik kishi sevuvchi kishi hatto hamsuhbati eshitishni xohlamagan paytda ham haqiqatni gapiradigan bo‘lishi kerakligini aytishdi. Tasodifiy tanish siz eshitmoqchi bo‘lgan gapni aytishi mumkin. Ammo haqiqiy do‘st hamisha siz eshitishingiz kerak bo‘lgan gapni aytadi.

Mark uning xotini qiyin damlarda doim to‘g‘ri javoblar bildirishini yozadi.  “U meni tinglaydi, so‘ngra buning uchun hatto men kechirim so‘rashim lozim bo‘lgan zaifliklarimni ko‘rsatib o‘tishiga to‘g‘ri kelsa ham, vaziyat haqida o‘z fikrini aytadi. Biroq u shunday sevgi bilan haqiqatni aytadiki, uning menga chindan ham yordam bermoqchi bo‘layotganini tushunaman”.

Minnesotalik Enn menga dugonasi Enji haqida aytib bergandi: “U dastlab hamisha boshqalar haqida o‘ylaydi va atrofidagi barcha uchun yaxshi bo‘lishiga harakat qiladi. Men yangi kompaniyaga endigina ishga kelganimda, Enji salomlashish yoki xayrlashish uchun oldimga tez-tez kelib turardi. Biz bir-birimizni yaxshiroq bilib olganimizda, u soch turmagimni o‘zgartirishni taklif etdi va bu chindan ham ajoyib bo‘ldi. Men bu turmakda xunuk ko‘rinishimni aytish o‘rniga, u boshqacha soch turmagi menga qanday yarashishi haqida gapirdi. U insondagi yashirin qobiliyatlarni ko‘ra oladi”. Soch turmagi haqidagi suhbat arzimasdek tuyulishi mumkin, biroq xushmuomalalik va hurmatni yo‘qotmagan holda o‘z fikrini bildirish munosabatlarning erkinligini aks ettiradi, bu esa faqat asl sevgi sharoitidagina bo‘lishi mumkin.

 

Halollikni izlang

Men o‘z suhbatdoshlarimga shunday savolni ham berardim: “Chinakamiga sevuvchi odam fe’l-atvorning qaysi xususiyatlariga ega bo‘lishi lozim?” Va mana bunday javoblarni eshitganman:

“Sevuvchi inson o‘zi sevgan kishisiga nisbatan hamisha rostgo‘y bo‘ladi va unga haqiqatni to‘g‘ri yondashuv asosida yetkazadi”.

“Sevuvchi odam haqiqatni aytadi, ammo muhokama qilmaydi”.

“ Sevuvchi odam seni noqulay sharoitda qo‘llab-quvvatlashga, azob chekayotganingda taskin berishga, senga zarur bo‘lganida seni sevishga, katta-kichik muvaffaqiyatlaringdan xursand bo‘lishga tayyor. Agar o‘z hayotingni o‘zgartirishing zarur ekanligini tushunsa, u sen bilan halol munosabatda bo‘ladi”.

“Sevuvchi odam maslahat berishga va zarur bo‘lganida tanqidiy e’tirozlar bildirishga tayyor. U sening yaxshiroq bo‘lishingni istaydi. U rostgo‘y, ayni vaqtda hushyor”.

Men erkak va ayollardan, yoshlar va keksalardan sevgi haqida so‘raganimda, menga deyarli hamisha halollik haqida gapirishardi. Barchamiz ham so‘zlari va harakatlari halollik ruhiga yo‘g‘rilgan hamda sevgini hayot ifodasiga aylantirmoqchi bo‘lgan odamlar bilan muloqot qilishni istaymiz.

 

Halollik - hamisha sevgi boshqaruvidagi gaplar, fikrlar va hatti-harakatlardir.

 

Bizga haqiqatni gapirishlari yoqadi.

Mashhur televizion tok shouning boshlovchisi Fred Rodjers bolalar uchun ko‘plab ajoyib qo‘shiqlar yozgan bo‘lib, ular katta yoshdagilarga ham yoqadi. U “Menga haqiqatni aytishlari yoqadi” qo‘shig‘ida har bir bola, “hatto u og‘riq bersa ham”, haqiqatni bilish istagida ekanligini yozgan. Bolalar ota-onalarining ajrashib ketishayotganini, ularning hayotida g‘ayrioddiy yoki og‘ir holatlar yuz berayotganini bilishni xohlaydilar, negaki ular har safar haqiqatni bilishganida, “sizga yana ko‘proq ishonch bildirishlari mumkin”.

Haqiqatni bilish istagi inson uchun tabiiy. Ayol hamkasblarimdan biri bolaligida bir kuni ertalab uyg‘onganida, unga bugun bog‘chaga emas, balki operatsiya bo‘lishi uchun kasalxonaga borishi kerakligini aytishganini menga hikoya qilib bergandi. Uning o‘zi bilan olib ketadigan narsalari tayyorlab qo‘yilgandi. Qizaloq ota-onasi undan haqiqatni yashirganlarini tushunish darajasida ulg‘ayib qolgandi. Uni aldashganligi bois qalbida kechgan his-tuyg‘ular operatsiyaning o‘zidan ko‘ra og‘riqli edi.

Mana bu esa yaqinda yuragi operatsiya qilingan o‘g‘il bolaning tarixi. U bobosidan operatsiya jonini og‘ritish-og‘ritmasligi haqida so‘radi. Bobo to‘g‘risini aytdi, ammo bu rostgo‘ylik bolaga umid bag‘ishladi. “Ha, biroz og‘riydi. Biroq og‘riq kunma-kun pasayib boradi, sen esa kuchliroq va baquvvatroq bo‘laverasan”.

G‘irromlik do‘stlik, nikoh, oila va ishdagi munosabatlarni kemirib tashlaydi. Agar biz chinakamiga sevimli odamlar bo‘lishni istasak, halol munosabatda bo‘lishimiz lozim. Faqat ana o‘shandagina boshqa odamlarni o‘z holicha sevib qolishimiz mumkin. Mana nima uchun halollik sevgi ruhiga to‘lgan munosabatlar uchun bunchalik muhim.

 

Haqiqatni sevgi nomi ila gapiring.

Biz har qanday munosabatlarda halol bo‘lishga intilgan holda, haqiqatni sevgi nomi ila gapirishimiz lozim. Sevgi va halollik munosabatlarimizning ajralmas qismiga aylanganida, biz halollik ko‘nikmalarini o‘zlashtirib olamiz. Sevgi nomi ila haqiqatni aytish mahorati chinakamiga sevuvchi odam fe’l-atvorining boshqa xususiyatlari bilan mustahkam bog‘liqdir.

Ezgulik Allen va Lyusi har yakshanba kunlari mahalliy talabalarni kechki ovqatga taklif etishardi. Bu er-xotin talabalar bilan shunchalik do‘stlashib yaqin bo‘lib qolgan edilarki, ular bu insonlarni ikkinchi ota-ona sifatida ko‘rishardi. Biroq birinchi kursda o‘qiydigan Tomas bilan do‘stlashish juda qiyin kechdi. U Allen va Lyusilarning uyi ostonasidan ichkariga kirgan zahoti, o‘zi haqda gap boshlardi. Hech kim bir og‘iz gapira olmasdi, negaki Tomas darhol gapni bo‘lib qo‘yardi. Boshqalar mavzuni o‘zgartirishga uringanlarida, u hech qachon savollar bermas va tinglamasdi.

Allen bir oqshom Tomasni sayr qilib kelishga taklif etdi. Ular yo‘lakdan ketib borayotganlarida, Allen: “Nega seni yoqtirmasliklarini bilishni istaysanmi?” deb so‘radi.

Tomas hayron bo‘lib javob qaytardi: “Ha, albatta. Lekin hech kim menga bu haqda aytmaydi”.

Allen ana shunda unga tinglashni o‘rganishi va kamtarinroq bo‘lishini taklif etdi. Tomas katta yoshli do‘stining to‘g‘ri javobini o‘ta diqqat bilan tingladi.

Insonni halol tarzda sevish unga va o‘z so‘zlarimizga nisbatan mas’uliyatli munosabat bildirishga bizni undaydi. Allen haqiqatni aytdi, negaki Tomas unga yoqardi, bunga talabaning birovni tanqid qilishga moyilligi aslo daxldor emas. Ezgulik boshqalarni o‘zimizdan ko‘ra yuqori qo‘yishga undashini yodda tutgan holda, biz halol insonlarga aylanamiz, negaki biz munosabatlarni buzishni emas, balki mustahkamlashni istaymiz.

Sabr-toqat Haqiqatni turlicha tarzda aytish mumkin. Odamni o‘q bilan yarador qilsa bo‘ladi, shuningdek, uning qalbiga ezgulik urug‘larini ekish ham mumkin. O‘qlar munosabatlarni o‘ldirishi mumkin. Haqiqatni urug‘ kabi qadang, shunda u o‘sadi, ildiz otadi va insonga ta’sir ko‘rsatadi. Sevgi sepilgan urug‘larga nisbatan sabr-toqatlidir.

Ayrim munosabatlarda, ayniqsa nikohda, halollikka sabr-bardosh berish bizni boshqa odamga - hatto uning o‘zi bu haqda payqashini istasak ham, - o‘z tuyg‘ularimiz haqida aytishga undaydi To‘g‘riso‘zlik qanchalik xohlasak ham boshqa odam fikrlarimizni o‘qiy olmasligiga bizni ko‘nikishga chorlaydi. Siz munosabatlarni boshqalarga so‘zsiz tushunarli bo‘lish xohishingizdan ustun qo‘yishingiz lozim. Behuda g‘azab qalbingizni kemirib tashlamasligi uchun haqiqatni ayting.

Kechirim Haqiqatni munosabatlarni buzish uchun emas, balki saqlash uchun aytish lozim. Ba’zan halollik sevimli insonimiz yo‘l qo‘ygan xatolikni uning o‘ziga ko‘rsatishga bizni chorlaydi. Agar biz shu tariqa kechirish va munosabatlarni saqlashga tayyor bo‘lsak, bu bilan sevgi nomi ila halollikni ko‘rsatgan bo‘lamiz.

Boadablik Navbatda bizdan oldinda turgan kishi yigirma dollarlik pulini tushirib, buni o‘zi payqamasa, bizda o‘sha banknotni olib ketish qolishga kuchli istak uyg‘onadi.  Agar shu odam do‘stimiz bo‘lganida, bunday tarzda yo‘l tutishimiz dargumon. Halollik muloyimlik bilan birgalikda - bu do‘stga nisbatan munosabatdir. Bizga shu tariqa yo‘l tutishning - gap bu o‘rinda yaqin kishi bilan munozara, hamkasb bilan suhbat yoki sug‘urta hujjatlarini to‘ldirish haqida bormasin, - ko‘plab imkoniyatlari taqdim etiladi. Biz muloqot qilimizga to‘g‘ri keladigan inson do‘stimiz, dushmanimiz yoki begona biror kishi bo‘lishi mumkin, biroq asl sevgi bizni rostgo‘y bo‘lishga chorlaydi, negaki halollik - bu muloyimlikning yuqori darajasidir.

Itoat Deniyel ismli bir yosh yigit menga shunday dedi: “Hayotimdagi eng qiyin harakatim ukam bilan suhbat o‘tkazish bo‘lgan. Men u o‘z xotiniga xiyonat qilayotganini bilardim. O‘shanda unga aytdim: “Bu haqda gapirish menga og‘ir, negaki sening o‘rningda bo‘lib qolishim mumkinligini juda yaxshi tushunaman. Umid qilamanki, bunday vaziyatda sen ham xuddi shunday qilgan bo‘larding. Seni juda yaxshi ko‘rganim uchun bunday ahvolda jim turolmayman”. So‘ngra esa unga barchasidan xabardor ekanimni aytib, ruhshunosga murojaat qilishini maslahat berdim. U xuddi shunday qildi va oilasini asrab qolishga erishdi. Men u bilan sevgi nomi ila jiddiy gaplashish uchun o‘zimda kuch topganimdan juda xursandman”. Agar Deniyel ukasi bilan yuqoridan kelib gaplashganida, ukasi uning gapiga quloq solishi dargumon edi. Biroq Deniyel insoniy sifatlar o‘ziga begona emasligini ko‘rsatib, itoat yo‘lini tanladi. U o‘zini ukasi o‘rniga qo‘yib ko‘rdi, aytgan gaplari esa sevgi va itoatkorlik ruhi bilan to‘lgandi.

Saxovat Erining o‘smir qiziga munosabati haqida ochiq gaplashib olmoqchi bo‘lgan xotin o‘z fikrini keskin va jahl bilan bildirishi mumkin. U boshqa ish bilan band bo‘lgan paytda bu suhbatni boshlashi mumkin. Asl sevgi ruhidagi halollik eriga bor diqqatini qaratib, o‘z fikrini to‘g‘ri yondashgan holda va hurmat bilan bildirib, suhbat qilishga undaydi.

Biz saxovatli bo‘lgan holda, vaqtimiz, pulimiz va qobiliyatlarimiz bizga hadya qilib berilganini tushunamiz. Biz ularni o‘zimiz uchun saqlashimiz kerak emas. Ochiq suhbatlar yordamida munosabatlarni mustahkamlash uchun vaqtingizni ayamang.

 

Halollik nima o‘zi?

 

Rostgo‘y inson asl sevgi boshqaruvidagi halollik nima ekanligini hamisha ham oson aniqlab bo‘lmasligini tan oladi.

“Riders dayjest” o‘z mushtariylari orasida so‘rov o‘tkazdi. So‘rovda qatnashganlarning 71 foizi do‘stlari va yaqinlarini xafa qilmaslik uchun ularning tashqi ko‘rinishlari haqida yolg‘on gapirganlarini tan olishdi. 50 foizi ularga juda yirik qaytim berishganida, o‘zlariga tegishli bo‘lmagan pulni o‘zlashtirib olishgan. 28 foizi turmush o‘rtoqlari yoki to‘shakdagi hamkorlaridan o‘zlarining boshqa aloqalari haqida yolg‘on aytishgan (1).

Mazkur so‘rovdan ko‘rinib turibdiki, ko‘pchiligimiz ba’zan haqiqatni aytishdan ko‘ra aldash foydaliroq va zarurroq deb bilamiz. Ba’zan hatto o‘ylab o‘tirmay yolg‘on ishlatamiz. Biz boshqalarning rostgo‘y bo‘lishlarini istaymiz, ammo o‘zimizga g‘irromlikni ravo ko‘ramiz. Mana nima uchun ota-onalar bolalarini yolg‘on gapirishga o‘rgatishlariga hojat qolmagan. Soxta “men” o‘z manfaati uchun dadil aldaydi.

O‘sha so‘rovning ko‘rsatishicha, garchi erkak va ayollar bir xil tarzda tez-tez aldashsalar ham, buni turlicha qilishadi. Erkakning g‘irromligi ko‘proq jonsiz narsalar bilan bog‘liq bo‘ladi. Erkak idoradan kanselyariya jihozlarini uyiga yashirincha olib kelishi yoki soliqlarga ustamonlik bilan chap berishi mumkin. Ayol esa ko‘pincha ixtiloflardan qochish uchun (misol uchun, dugonasi yoki eri bilan suhbatda xarid qilgan mahsulotlarining narxini pasaytirib aytadi) yoki boshqa odamning qalbini jarohatlamaslik uchun yolg‘on gapiradi (masalan, dugonasiga aytishi mumkin: “Yo‘q, sen aslo semiz emassan!”). (2).

Bu esa qiziq bir savol tug‘diradi: yolg‘on gapirish doimo ham yomonmi? Xo‘sh, agar biz boshqa odamni ranjitmaslik uchuye yolg‘on gapirsakchi? Biz anglaymizmi yo‘qmi, ammo bunday savollar doimo paydo bo‘laveradi. Xotin chiroyli ko‘rinmasada, unga go‘zal ekanligini aytish yaxshimi? Otaga undagi saraton xastaligi kuchayib borayotganini aytish kerakmi? Erga begona bilan faqat o‘pishib qo‘yganligini aytish zarurmi?

Ushbu savollarning barchasiga to‘g‘ri javob berish uchun o‘zingizdan so‘rab ko‘ring: “So‘zlarim va hatti-harakatlarim chinakamiga sevadigan odam fe’l-atvorining xususiyatlariga mos keladimi? Bu vaziyatda haqiqat yaxshilik, sabr-toqat, muloyimlik, itoatkorlik va saxiylikni namoyon etadimi? Agar shunday bo‘lmasa, sevuvchi odam bo‘lib qolish uchun nimalar deyish kerak?”

 

O‘ZLASHTIRISH LOZIM BO‘LGAN KO‘NIKMALAR

Nimanidir so‘rashga ishonchingiz yetmasa, o‘zingizdan so‘rab ko‘ring: “Mening so‘zlarim chinakamiga sevuvchi odam fe’l-atvorining xususiyatlarini o‘zida aks ettiradimi?”

 

Bu savollar bizga aslida nima haqiqatni aytish odati bo‘lmaganligini tushunishimizga yordam beradi. Haqiqatni aytish - quyidagilarni anglatmaydi...

Bilganlarimizni barchasini aytish  Men sizlarni o‘zingiz va boshqa odamlar haqida to‘liq barchasini aytishga chorlamayman. Hamma gapni aytganimizda, biz o‘z qilmishlariga tavba qilib, bama’ni fuqarolarga aylangan ko‘pgina yaxshi erkak va ayollarning hurmatiga putur yetkazishimiz mumkin. Siz o‘zingizni sevuvchi odam fe’l-atvorining barcha xususiyatlari bilan boshqarishingiz lozim. Sevgi kechiradi va boshqa odamning hurmatiga ziyon keltiradigan gaplarni aytmaydi.

Barcha o‘z his-tuyg‘ularingiz haqida gapirish. Hissiyot - bu biz bilan kun davomida beixtiyor kechadigan reaksiyadir. Odamlar - hissiyotli mavjudot bo‘lib, ularning tuyg‘ulari juda tez o‘zgaradi. Agar siz bilan keskin gaplashilsa, kayfiyatingiz buzilsa kerak. Suhbat do‘stona ohangda bo‘lganida esa ijobiy tuyg‘ularni qo‘zg‘atadi. O‘zimizning salbiy his-tuyg‘ularimizni eslash nafaqat foydasiz, balki zararli hamdir. Eng yaxshisi, bu munosabatlarga alohida e’tibor qaratish kerakligi haqidagi ishora ekanini tan olishdir. O‘zingizning so‘z va hatti-harakatlaringizni yaxshi tomonga o‘zgartiring, ana shunda do‘stlaringiz, hamkasblaringiz va oilangiz a’zolari sizdan ibrat olishlari tayin. Insonning hatti-harakatlari yanada do‘stona tus olganida, uning salbiy hissiyotlari ham yo‘qoladi yoki hech bo‘lmaganda zaiflashadi.

Sevgi ruhiga yo‘g‘rilmagan hatti-harakatlardan kechirimni izlash Hissiyotlaringiz sizni boshqarishiga izn berib, so‘ngra esa uni soxta rostgo‘ylik tuyg‘usi bilan izohlagan holda, siz o‘z hamsuhbatingizda salbiy his-tuyg‘ularni qo‘zg‘aysiz. Ular munosabatlaringizda to‘siq bo‘lib, sizning noto‘g‘ri yo‘l tutayotganingizni ko‘rsatadi (3).

O‘z manfaati yo‘lida boshqalarning sirini  oshkor etish Bu kabi hatti-harakatlarda rostgo‘ylik kechirim uchun asos bo‘lmasligi kerak. Shaxsiy manfaatni ko‘zlab raqobatchilarga ish foiliyatga oid sirlarni bermaslik kerak yoki rahbariyatning ko‘ziga yaxshi ko‘rinish uchun hamkasblarning ishonchini buzmaslik lozim. Bu haqda Jan Jirodu ajoyib fikr aytgan: “Hayotda eng muhimi - samimiylik. Uni ifoda etishga o‘rganing, ana shunda omad sizniki bo‘ladi”. Jirodu o‘z shaxsiy manfaatlari yo‘lida haqiqatni qurbon qilgan birinchi ham, so‘nggi ham inson emas.

Adolatni qurbon qilish. Agar rostgo‘ylik tufayli boshqa odamga nohaq yondashadigan bo‘lsalar, demak, unga taalluqli ma’lumotlarni yashirish zarur degan xulosani chiqarmaslik kerak. Ikkinchi jahon urushi vaqtida o‘z uylarida yahudiylarni yashirgan oilalar haqida eslang. Oskar Shindler, Raul Vallenberg, Kori ten Boom va Tiune Sugixara - bu boshqa odamlarni qutqarish uchun hayotini tavakkal ostiga qo‘ygan bir necha odamlarning ismlari, xolos. Haqiqatni yashirish zaruriyati bu odamlarni to‘xtatib qolmagan. 1942 va 1943 yillarda Gollandiyadagi Nivland qishlog‘i ahli har bir uyda yahudiyni yoki yahudiy oilasini asrab olishga qaror qildi. O‘nlab odamlarning hayoti asrab qolindi, negaki bu qishloq aholisi qochoqlarni ham, bir-birlarini ham himoya qilishdi. Halol erkak va ayollar bilganlarini ham aytishmaydi, negaki o‘zlarining so‘zlari boshqa odamlar uchun o‘lim hukmi bo‘lishini bilishadi.

Nega to‘g‘riso‘zlik biz uchun muhim? Negaki, haqiqatni kamaytirishga bo‘lgan moyilligimizga qaramay, har birimizning qalbimizda haqiqat va yolg‘on o‘rtasida farq to‘g‘risida aniq tushuncha mavjud. Men telefon go‘shagi orqali onasining uyda yo‘qligini aytgan besh yoshli bolakay eslayman. So‘ngra u jim qoldi va qo‘shimcha qildi: “Aslida onam uyda, faqat u hozir vannada”. Biz doimo o‘zimizning soxta “men”imiz bilan kurashamiz. Va baribir ichimizdagi nimadir bizni atrofdagilar ko‘ziga rostgo‘y bo‘lib ko‘rinishga undaydi. Agar biror kishi doimo aldayversa, unga bo‘lgan hurmatimizni yo‘qotamiz. Biz haqiqatni aytgan odamlarni hurmat qilamiz.  O‘zimizni qanday tutishimiz muhim emas, qalbimizning tub-tubida yolg‘on vayronkor, sevgi esa barpo etuvchi ekanligiga ishonamiz.

 

Ichkarida va tashqarida

 

Biz chinakamiga sevuvchi odamlarga aylanganimizda, yolg‘ondan voz kechib, haqiqatni aytishga o‘rganamiz. Biroq haqiqat - faqat biz gapiradiganlarimiz emas. Haqiqatni aytayotganda, biz rostgo‘ymiz. Rostgo‘y yashab, biz chinakamiga sevuvchi odamlarga aylanamiz. Biz ichki barqarorlikka ega bo‘lamiz.

Biz yetakchilar yoki siyosatchilarning barqarorligi haqida tez-tez gapiramiz. Boshqacha aytganda, biz yetakchining so‘zlari uning harakatlari bilan uyg‘un kelishini istaymiz. Biz insonning hech bo‘lmaganda ham rostgo‘y ekanligiga ishonsak, ko‘p narsalarni kechirishga qodirmiz. Shaxsiy munosabatlardagi rostgo‘ylik esa  odamlarga bo‘lgan samimiy sevgimizni hatto yetarli ifoda etolmaydi.

 

Samimiy rostgo‘ylik - bu faqat aytayotganlarimiz emas.

 

Ichki barqarorlik - bu...

O‘z zaifliklarini ochiqchasiga tan olish. Karl trenajyorlar ishlab chiqaradigan kichik bir kompaniyaning prezidenti bo‘lganida, murakkab vaziyatlarga tushib qolishini tushundi. Undan avvalgi rahbar moliyaviy nopokliklar haqidagi gap-so‘zlar tufayli ishdan ketgandi. Xodimlar norozi bo‘lib, har bir bo‘limda umidsizlik ruhi kezib yurardi. Direktorlar kengashi Karlga murojaat qildi, garchi u sanoatning bu sohasida ishlamagan bo‘lsada, bunday vaziyatlarda ish tajribasiga ega edi. Bundan tashqari, Karlni o‘ta barqaror odam deya hisoblashardi. Ammo baribir kompaniya jamoasi bilan birinchi uchrashuvda uning qo‘llari titradi. Uning oldida xodimlarning rahbariyatga bo‘lgan ishonchini qaytarish vazifasi turardi.

“Mening birinchi qilmoqchi bo‘lgan ishim, - dedi u yig‘ilganlarga, - bu har bitta bo‘limga bir kundan vaqt ajratish.  Men sizlardan ko‘p narsalarni o‘rganib olishim kerak”.

Karlning yangi ishidagi birinchi hafta ana shunday o‘tdi. U savdo-sotiq, ishlab chiqarish, reklama va huquqshunoslik bo‘limlari bilan tanishib chiqdi. U kompaniyaning ishi, ishlab chiqarilgan mahsulotlarning kuchli va zaif taraflari haqida savollar berdi.

“Men shartnomalarning bunday toifasi bilan tanish emasman, - Karl boshqaruvchilardan biriga ochiq tan oldi. - Siz barcha paragraflarni menga tushuntirib berolmaysizmi?”

Xodimlar juda tez orada Karlga ishonsa bo‘lishini tushunib qoldilar. U kompaniya bilan tanishayotgan paytda o‘z hurmatini yo‘qotmadi, lekin ayni vaqtda kalondimog‘lik ham qilmadi. U shunchaki yaxshi prezident bo‘lishdan avval ko‘p narsalarni o‘rganishi zarurligini tan oldi.

Barqaror odam ayyorlik qilmaydi, qanday bo‘lsa, shundayligicha namoyon bo‘ladi. Biz aqlli, jasur, kuchli yoki tajribali bo‘lib ko‘rinishga uringanimizda, katta kuch-quvvat sarflaymiz. Barqarorlik kundalik hayotimizning ajralmas qismiga aylanganida, biz hattoki kuchsizligimiz boshqa odamlarga sevgimizni namoyon etishning usuli ekanligini juda yaxshi tushungan holda, o‘z ojizliklarimizni ko‘rsatishdan cho‘chimaymiz.

Haqiqatning muhimligini tan oling. Barqaror odam o‘zining hatti-harakatlari boshqa odamlarga ta’sir ko‘rsatishini tushunadi. Agar harakatlarimizni sevgi boshqaradigan bo‘lsa, bu ta’sir ijobiy bo‘ladi. Salbiy hatti-harakatlar salbiy ta’sirlarni hosil qiladi. Biz ekkan urug‘lar albatta unib chiqadi va marhamat yoki la’natga aylanadi. Mening xonamda o‘zlarining noto‘g‘ri harakatlari farzandining fe’l-atvoriga halokatli ta’sir ko‘rsatganini anglagan ota-onalar necha-necha bora ko‘z yoshi to‘kishgan. Biz bolalarimizning hatti-harakatlarini nazorat qilolmaymiz, ammo ma’lum darajada ularga ta’sir ko‘rsatishimiz mumkin.

Barqaror inson unga taqlid qilishlariga munosib bo‘lgan yaqqol namunadir. Men otasining dafn marosimidan so‘ng oldimga kelgan bir erkakni eslayman. U shunday dedi: “Men otamning barqaror inson bo‘lganligini tushundim. Afsuski, men unday emasman. Hozir yoshim o‘ttiz beshda, hayotim esa haqiqiy dahshatning o‘zi. Men o‘zgarishim kerak, sizdan bu masalada menga yordam berishingizni so‘rayman”. Barqaror, halol odamning hayoti hatto uning vafotidan keyin ham boshqa odamlarga ta’sir ko‘rsatishda davom etadi.

Hatti-harakatlarning uyg‘unligi, gap-so‘zlar va aytilganlarning ma’nosi. Pediatr Diana Komp ko‘p yillar muqaddam yigirma yoshli bemor qiz Korining unga surat sovg‘a qilgani haqida yozadi. Qiz suyak saratoni xastaligi operatsiyasiga tayyorgarlik ko‘rardi. U ota-onasi o‘zini davolayotgan shifokorga bir suratni berib qo‘yishlarini so‘radi. Biroq Kori shifokor uning sovg‘asini olgan paytda, o‘zi operatsiya stoli ustida hushsizlantirilgan holda yotishidan bezovta edi.

“Komp xonim paketni ochganida, uning ko‘zlariga qaranglar, - dedi Kori ota-onasiga. - U surat o‘ziga yoqqanini aytishi mumkin, lekin men uning aslida nimalarni o‘ylayotganini bilishni istardim”.

Korining iltimosi Diana Kompni xavotirga solib qo‘ydi. “Bu qiz qaysi birlarimizga ishonmaydi - faqat shifokorlargami yoki barcha katta yoshlilargami? Kim undan haqiqatni yashirgan? Haqiqatni eshitayotganingda, hamsuhbatingning lablari va ko‘zlari bitta ifodani bildirayotganini tushunasan... Lablar bilan “yo‘q, yo‘q” deb, ko‘zlar bilan esa “ha, ha” deyishning iloji yo‘q... Bu endi haqiqat bo‘lmay qoladi” (4).

Biz goho imoratning “barqaror”ligi haqida gapiramiz. Agar imorat barqaror bo‘lsa, u barcha taraflama - tashqi ko‘rinishi ham, ishonchli ekanligi ham uyg‘unlashib ketgan.  Agar inson barqaror bo‘lsa, uning ko‘zlari, gaplari va hatti-harakatlari bir narsani ifoda etsa, bu haqiqat bo‘ladi.

Haqiqat nomi ila tavakkalchilik qilishga tayyorlik. Linn kollejni tugatganidan so‘ng otasi bilan tez-tez ko‘rishib turdi. Otasining o‘zini tutishi o‘zgara boshlaganida, bu darhol qizining ko‘ziga tashlandi. U muhim ishlar haqida unutib, bir xil savollarni tez-tez qaytaradigan bo‘ldi. U bir kuni ishga jo‘nadi, ammo qarshi yo‘nalishga ketayotgan avtobusga borib o‘tirdi. Linn nima qilishini bilmasdi. Uning otasi har bir narsaga doimo o‘ta e’tiborli bo‘lardi. Qiz otasining o‘z ishidan faxrlanishini va ishga oid munosabatlarni qadrlashini bilardi.

Oradan bir necha oy o‘tdi. Linn otasi uchun boshqalardan kechirim so‘rayverish va yoqimsiz haqiqatni aytmaslik uchun o‘zini aldashda davom etish noto‘g‘ri ekanligini his qildi. U bir kuni kechqurun otasining yoniga o‘tirib, keyingi vaqtlarda nimalarni payqaganini aytib berdi.

Otasi ko‘zoynagini yechib, horg‘in ko‘zlarini ishqaladi. “Linn, - dedi u. - Bu haqda gap ochganingdan juda xursandman. Men o‘zimga nimadir bo‘layotganini his etdim, biroq nazarimda buni hech kim payqamayotgandek tuyuldi”.

Xullas, Linn otasi bilan ochiqchasiga gaplashib olishga takavval qildi. U shundan so‘ng shifokorga murojaat qildi va unda Alsgeymer kasalligining boshlang‘ich pallasi kechayotgani aniqlandi. Qizining rostgo‘yligi bois darhol davolanishni boshlash mumkin bo‘ldi. Bundan tashqari, otasi salomatligi uzil-kesil yomonlashib qolmasligi uchun ko‘proq vaqtini oila davrasida o‘tkazishga qaror qildi.

Agar sizning hissiyotlaringiz jo‘shqin bo‘lsa, odamlarga achchiq haqiqatni aytishingiz og‘ir bo‘ladi. Biroq mashaqqatlar insonni toblaydi. Barqaror odam turmush o‘rtog‘ining giyohvand moddalar iste’mol qilishiga yo‘l qo‘ymaydi va do‘stlari bilan nomaqbul munosabatda bo‘layotganini payqaganida jim qarab turmaydi. Ammo sevgi yuqori maqsadlarni ko‘rsatadi. Barqarorlik bizni zarur bo‘lganida yaqin kishilarimizga haqiqatni aytishga chorlaydi.

So‘zda turish mahorati Agar siz bolaga muzqaymoq va’da qilib, bu haqda unutib qo‘ysangiz, o‘zingizni kechirishga urinmang. Unga bunday gaplarni aytmang: “Endi juda kech bo‘lib qoldi. Sen uxlashing kerak”. Yaxshisi, kunu-tun ishlaydigan do‘konni topib, muzqaymoq sotib oling. Siz o‘z va’dangizning ustidan chiqishingiz kerak, hatto buning uchun bolakay odatdagidan kech uxlashiga to‘g‘ri kelsa ham. Boshqaruvingiz ostidagi odamga xizmatda ko‘tarilishini yoki turmush o‘rtog‘ingizning tug‘ilgan kunida tantanali kechki ovqatni va’da qilganingizda, buni amalda bajarishingiz shart. Hattoki bitta buzilgan va’da ham insonni ranjitadi va sizning barqarorligingizga nisbatan shubhalanishga majbur qiladi.

Barqaror odam

Amerika ruhshunoslar uyushmasi barqaror odam uchun mutlaqo adolatli bo‘lgan bir qator fikrlarni shakllantirib chiqdi. Quyida Kristofer Piterson va Martin I.P.Zeligman qalamiga mansub  “Ezgulik va fe’l-atvorning kuchli xususiyatlari”  kitobidan ro‘yxat keltirilgan.

Men uchun mashhur bo‘lishdan ko‘ra o‘zligimcha qolish anchayin muhim.

Odamlar haqiqatni gapirganlarida, hayot yaxshiroq tus oladi.

Menda hayotimga mazmun beradigan muayyan qadriyatlar bor.

Men hattoki bu og‘ir bo‘lsa ham, doimo o‘z zimmamga olganlarimni bajaraman (5).

 

Ishdagi halollik

 

Barchamiz ham ish faoliyatimizda halollik bo‘lmagan vaziyatlarga ko‘p bora duch kelganmiz. Yaqinda “Enron”, “UorldKom”, “Tayko” kompaniyalari boshliqlari bilan bog‘liq mojarolar bo‘lib o‘tdi. Misol uchun, “Tayko” rahbarlaridan biri Dennis Kozlovskini firma mulklarini noto‘g‘ri ishlatganlikda ayblashdi. Hattoki bu kabi holatlar kompaniyaning kichik investorlari va xodimlari o‘rtasidagi shaxsiy munosabatlarga daxl qilmagan bo‘lsa ham, ularning qanday noxush tuyg‘ularni his etganlari haqida o‘ylab ko‘ring.

Har holda amalda har birimiz o‘zimizning ish joyimizda yolg‘on bilan to‘qnashgan bo‘lsak kerak. Hamkasblardan kimdir o‘z yutuqlarini ko‘pirtirib gapiradi, boshqa birov esa hali boshlamagan ishini bitirib qo‘yganligini aytadi. Rahbarlar daromad va buromad ko‘rsatgichlarini noto‘g‘ri ko‘rsatishadi. Deyarli har bir kompaniya reklamalarida bajarishiga qodir bo‘lgan ishlardan ko‘ra ko‘prog‘ini va’da qilishadi.

“Riders dayjest” jurnali o‘tkazgan so‘rovlar ish joyida yolg‘on o‘ta tarqalganini ko‘rsatdi. Biroq xodimlarning o‘z hamkasblarini aldashidan ko‘ra kompaniyani chuv tushirish holatlari ko‘proq uchraydi. So‘rovda ishtirok etganlarning faqat 13 foizi o‘z ayblarini xodimlar zimmasiga yuklaganlarini tan olishgan. 63 foizi esa hech bir noxushlik sezmagan holda, o‘zlarini kasal qilib ko‘rsatganlar. 91 foiz erkak va 61 foiz ayollar idoradagi kanselyariya jihozlarini o‘zlashtirib olganlarini aytishgan.

Bu g‘alati bo‘lsada, ammo boshqa barcha so‘rovlar ko‘rsatishicha, aksariyat odamlar o‘z hamkasblari va boshliqlaridagi halollikni hamma narsadan yuqori baholashadi. “Odamlar nimani istashadi: Samarali munosabatlar qurishning menedjerlik qo‘llanmasi” kitobining muallifi  Terri Bekon aniqlashicha, halollik - bu boshliqdagi “eng kerakli xususiyat”. Shuningdek, biz atrofdagilar o‘zimizga ishonishlarini istaymiz. Asosiysi, xodimlar boshliqdan istaganlari, - “unga ko‘proq ishonish mumkin bo‘lsin” (7).

Mayda-chuyda ishlar yoki idora buyumlariga tegishli yolg‘on munosabatlarga ta’sir ko‘rsatmaydi deb o‘ylash mumkin, ammo sevuvchi odam fe’l-atvorining xususiyatlarini rad etadigan har bitta harakatimiz yaqinlarimizga ziyon yetkazadi. Agar hamkasbimiz bizga ish faoliyatida ishonmasa, u bizning shaxsiy va’dalarimizga qanday ishonishi mumkin?

 

Oppoq yolg‘onning qorasi

 

Halollik bilan bog‘liq yaqinda o‘tkazilgan tadqiqot xulosalaridan biri shunday: “Oppoq yolg‘onni yomon maqsaddagi yolg‘ondan ajratadigan chegara turli odamlar uchun har xil bo‘ladi” (8). Bu esa biz tez-tez murojaat qiladigan “oppoq yolg‘on”ning xavfini qanchalik kam tushunishimizdan dalolat beradi.

Men bir safar o‘z manfaati uchun tez-tez oppoq yolg‘on ishlatadigan ayol bilan suhbat qurganman, misol uchun, u suhbatni yakunlashni xohlaganida yoki uchrashuvga tayyorlanish uchun vaqti bo‘lmaganida shunday yo‘l tutarkan. U kechikib kelishini tan olmaslik uchun tushki ovqat jadvali o‘zgaruvchan ekanligini tez-tez ta’kidlab turarkan.  U ba’zan hamsuhbatiga ketishi zarur ekanligini o‘zi aytmaslik uchun kotibadan  “shoshilinch” telefon qo‘ng‘irog‘i qilishini so‘rarkan. U bilan anchadan buyon birga ishlayotgan kishilar bunday hiyla-nayranglarga ko‘nikib qolishgan ekan. Hatto unga rostdan qo‘ng‘iroq qilishganida, barcha buni ayolning navbatdagi ayyorligi deya hisoblashgan. Boshqa taraflama esa u juda mehribon va hurmatli ayol bo‘lgan. Yolg‘on bu ayol hayotining ajralmas qismiga aylanib qolgan, xolos.

Men bir safar gaplashganimda, u o‘smir qizini insonlar o‘rtasidagi ayyorona munosabatlarda qanday tutishga o‘rgatish imkoni bo‘lganini aytib bergandi. Qizga maktabdosh dugonasi qo‘ng‘iroq qilgan, ammo qiz gaplashishni istamay, onasidan telefon orqali o‘zining uyda yo‘qligini dugonasiga aytib qo‘yishini so‘ragan.

“Men unga shunday dedim: “Do‘stlarni aldash yaxshi emas! Yoki sen u bilan gaplashasan yoki men u bilan gaplashishni istamasligingni aytaman”. - Hamsuhbatim kulib yubordi va boshini silkitdi.

Bu qizning nega dugonasini aldamoqchi bo‘lgani menga mutlaqo tushunarli edi: u onasidan o‘rnak olayotgandi. U bu kabi holatlarda g‘irromlik mutlaqo odatiy va tabiiy ekanligini o‘zlashtirib olgan. Men hamsuhbatim rostgo‘ylik va yolg‘on chegarasida turib, nima qilayotganini o‘zi anglamaganini tushundim. U boshqa odamlardagi g‘irromlikni payqagan, biroq o‘zini himoya qilishga intilish shu qadar kuchli bo‘lganki, o‘zining harakatlari qandaydir g‘ayrioddiy tuyulmagan. Xodimlar uni yaxshi ko‘rishgan, lekin maoshlariga taalluqli muhim qarorlarni qabul qilishiga ishonishmagan. Boshliqlar hurmat qilishgan, ammo yirik shartnomalar bilan ishlash vazifasini topshirishmagan. Xodimlardan hech kim u bilan shaxsiy sirlarini baham ko‘rmagan, negaki uning ishonchga sazovor emasligini barcha bilgan.

Kichik yolg‘onlar insonlar o‘rtasidagi aloqalarni buzadi. Biz har safar yolg‘on gapirganimizda, o‘zimiz mustahkam munosabatlar qurmoqchi bo‘lgan odamlar o‘rtasidagi masofani yanada uzaytirgan bo‘lamiz.

 

O‘ZLASHTIRISH LOZIM BO‘LGAN KO‘NIKMALAR

Hamkasblaringizga, do‘stlaringizga va yaqinlaringizga hatto eng kichik yolg‘on ishlatmaslikka o‘rganing.

 

Chiqindilarni qayta ishlab chiqaradigan kompaniyalardan biri “Umid Halqasi” deb atalardi. Uning egalari odamlarga oddiy bir fikrni yetkazishni istashardi: “Siz bizga tayanishingiz mumkin”. Bu gap kompaniya va iste’molchi o‘rtasidagi munosabatlar haqida ko‘p narsalardan dalolat beradi. Biroq biz o‘zimiz bilan muloqotda bo‘ladiganlarga aynan shu narsani yetkazmoqchi bo‘lmayapmizmi? Sen menga ishonishing, butunlay va to‘liq tayanishing mumkin. Mayda-chuydalar uchun ham yolg‘on ishlatmagan holda, biz ijobiy munosabatlarni rivojlantirishga asos tayyorlaymiz.

Aytib o‘tganimizdek, halollik chinakamiga sevuvchi odam fe’l-atvorining barcha xususiyatlariga muvofiq kelishi lozim. Biz ongli ravishda sevgiga to‘lganimizda, to‘g‘ri va noto‘g‘ri harakatlar o‘rtasidagi farq biz uchun yaqqol ayon bo‘ladi. Biz to‘g‘ri harakat qilishni, rost gapirishni istaymiz, negaki bu munosabatlarni qurish va mustahkamlashning yagona usulidir.  Chinakamiga sevuvchi odam fe’l-atvorining boshqa xususiyatlari esa haqiqatni sevgi nomi ila qanday gapirish zarurligini tushunishimizga yordam beradi.

 

Ko‘nikmalar qudrati

 

Derrik bir kuni sevgilisi Kelli huzurida pornografik video to‘g‘risida hazil qildi. U qizning qiyofasida paydo bo‘lgan jirkanish ifodasidan hayratga tushdi. U o‘zining harakati qizga shunchalik yoqmasligini tasavvur ham qilmagandi. Biroq Kelli bu kabi filmlarni ko‘rishga toqat qilolmasligi va turmush quradigan bo‘lsalar, Derrikka pornografiya haqida unutishiga to‘g‘ri kelishi haqida aniq tushuncha berdi. Yigit boshqa hech qachon bu kabi narsalarni ko‘rmaslikka va’da berdi. Uning qalbi yaxshi maqsadlarga to‘ldi. Ammo to‘ydan keyin bir necha oy o‘tgach, u Internetda bir qator pornosaytlarga ko‘zi tushib qoldi. Derrik dastlab uyda Kelli bo‘lmagan paytlardagina o‘sha saytlarga kirib turardi. So‘ngra xotini tezda kelmasligini bilgan paytlarda uzoq vaqt tomosha qiladigan bo‘ldi. Qisqacha aytganda, Derrik pornoga “o‘tirib” qoldi. U bir oqshomda Kellining qaytib kelganini eshitmay qoldi. Xotini u saytni tomosha qilayotgan paytda xonaga kirib keldi. Ular tun bo‘yi mojaro qilishdi va Derrik pornografiya bilan aloqani uzishga yana va’da berdi.

Biroq yosh er o‘z va’dasiga uzoq amal qilolmadi. U o‘z ko‘ngilxushligini ustalik bilan yashirishga o‘rgandi - “o‘ta muhim” elektron xatlar tuzib jo‘natishi uchun ishxonada ushlanib qolishiga to‘g‘ri kelayotganini ayta boshladi. Kelli bu o‘rinda nopoklik borligiga shubhalanib qoldi. Garchi Derrik pornografiyaga bo‘lgan qiziqishini rad etsada, uning yolg‘oni Kellining qalbini yanada ko‘proq jarohatladi. Er-xotin ajrashish haqida o‘ylay boshladilar. Derrik ruhshunosga murojaat qilish qaroriga keldi. U bir necha oylik maslahatlardan so‘ng o‘z muammosini tan oldi va xatarli ko‘ngilxushligi bilan kurashishga kirishdi. Ammo rafiqasining ishonchini tiklashga faqat bir necha yildan keyingina muvaffaq bo‘ldi.

Biz ishonch hosil qilganimizdek, sevish yoki sevishni bilmaslik  ko‘nikmalardan kelib chiqadi. Yolg‘on juda tezda ko‘nikmaga aylanadi. Har bir yolg‘on navbatdagisini boshlab keladi, negaki yolg‘onni yashirishga to‘g‘ri keladi, axir. Mana nima uchun g‘irromlik boshqa har qanday zararli odatlardan ko‘ra kundalik tartibga ko‘proq va yengil singib ketadi. Menga yolg‘onga bog‘lanib qolgan, dastlabki paytlarda o‘z yolg‘onlariga o‘zlari ishongan odamlar murojaat qilishgan. Agar ular o‘zlarining soxta “men”lariga muvofiq yashashda davom etganlarida, haqiqiy hayotdan doimiy yuz o‘girgan bo‘lishardi.

Frenk U. Ebegneyl o‘z muvaffaqiyatlarini yolg‘on asosida qurib, buning uchun qamoqxonaga tushgan. U o‘n olti yoshdan toki yigirma birga to‘lgunicha dunyoning eng omadli firibgarlaridan biri bo‘lgan. U qalbaki cheklar bilan ellikta shtat va yigirma oltita mamlakatda 2,5 million dollarni olgan. U o‘zini advokat, uchuvchi, kollej professori va pediatr tariqasida ifoda etgan.  Uni faqat fransuz politsiyasi qo‘lga tushirishga muvaffaq bo‘lgan. Ebegneylning baxtiga, u buzg‘unchi odatlaridan qutulishga erishdi. U bugungi kunda qalbaki banknotlar va hujjatlar ekspertizasi sohasida, shuningdek, korporativ talon-tarojliklar bo‘yicha hurmatli mutaxassis hisoblanadi.

2002 yilda Frenk Ebegneyl haqida “Agar uddalasang, meni ushlagin” nomli film suratga olindi. Filmda bosh qahramon atrofdagilarga bo‘lgan ishonchini asta-sekin yo‘qotib borayotgani, insoniy munosabatlarni buzib, butunlay yakkalanib qolganligi juda ajoyib tarzda ochib ko‘rsatilgan. Jorj Bernard Shou bir vaqtlar shunday degandi: “Yolg‘onchining jazosi unga boshqalar ishonchlarini yo‘qotgani emas, balki uning o‘zi hech kimga ishonmay qo‘yganidir”. Yolg‘on ko‘nikmasining yashirin xatarlaridan biri shundaki, atrofdagilar bizga qanchalik kam ishonishsa, o‘zimiz ham ularga shunchalik kam ishonch bildiramiz. Yolg‘onga o‘rganib qolish munosabatlarni o‘zimiz tasavvur qilganimizdan ko‘ra kuchliroq va tezroq barbod qiladi.

 

Biz faqat ko‘nikma asosida sevishimiz yoki sevmasligimiz mumkin.

 

Rostgo‘ylik ham ko‘nikma bo‘lib qolishi yoqimli, albatta. Kundalik hayotimizda to‘g‘riso‘zlikni rivojlantirgan holda, yolg‘on aytish mumkin ekanligini unutamiz. Yolg‘on gaplar bizga jirkanchli bo‘lib qoladi, negaki biz ularning insoniy munosabatlar uchun qanchalik halokatli ekanligini tushunamiz.

Haqiqatni qanchalik tez-tez gapirsak, o‘zimizni shunchalik yaxshi his qilamiz. Rostgo‘y bo‘lish ruhiy taraflama ham juda yoqimli. Halollik munosabatlarni mustahkamlaydi. Bizda quyidagicha doimo o‘ylashga hojat qolmaydi: “Bu odamga avval nima degandim-a?” Biz hammaga va hamisha haqiqatni gapirishimizni bilamiz.

 

Ishonchni tiklash

 

Halol odam bo‘lish yo‘lidagi birinchi qadam o‘z xatolarini tan olish layoqati bilan bog‘liq. Biz avvalgi yolg‘onlarimizni tan olgan holda, o‘zimizga nisbatan hurmat uyg‘otamiz. Men shuni kuzatdimki, aybini tan olishga ahd qilgan odam atrofdagilar uni kechirishga tayyorligini o‘zi tushunib qoladi. Odamlar uchun  boshqalarning to‘g‘ri harakatlarini ko‘rish yoqimlidir.  Yolg‘oniga iqror bo‘lish oson emas, buning uchun jur’at kerak. Va bunday jur’at kelajakda boshqa yo‘ldan borish istagidan dalolat beradi. Biz insonning o‘z soxta “men”idan voz kechib, asl “men”ga ega bo‘layotganini ko‘ramiz.

 

Darhol iqror bo‘ling

Biz ishonchni tiklash uchun mukammal insonlar bo‘lishimiz shart emas. Har qanday munosabatlar uchun bu talab etilmaydi. Biroq siz turmush o‘rtog‘ingizni, do‘stingizni yoki hamkasbingizni aldagan bo‘lsangiz, yolg‘oningizga darhol iqror bo‘lib, kechirim so‘rash lozim. Aks holda yolg‘on siz uchun odatga aylanadi va ishonchni tiklashga hech qachon erisha olmaysiz.

 

Hamisha javobgarlikka tayyor bo‘ling

Halollik - bu o‘z hatti-harakatlari uchun javob berish mahoratidir. Boshliq so‘rab qolishi mumkin: “Majlis o‘tkazish uchun zalni tayyorlashni kim unutib qo‘ydi?” Agar halol inson bu masalada kamchilikka yo‘l qo‘ygan bo‘lsa, hamisha buni tan oladi. Agarda qo‘shni umumiy budjetda nega tuynuk ochilib qolgani haqida qiyin savol bersa, halol inson o‘zining bundagi harakatlariga iqror bo‘ladi. Ko‘plab nikohlar va do‘stona munosabatlar yolg‘on tufayli barbod bo‘lgan. Vaholanki, agar odamlar hamisha halol yo‘l tutganlarida, ularni saqlab qolish mumkin bo‘lardi.

 

Ishonchga munosib bo‘ling

Mendan tez-tez so‘rab turishadi: “Turmush o‘rtog‘imning ishonchini qanday tiklashim mumkin? Men uni uzoq vaqt aldab kelganman. Endi yolg‘onim fosh bo‘lgan. Men o‘z hatti-harakatlarimni o‘zgartirmoqchiman, turmush o‘rtog‘im ham meni kechirishga tayyor. Ammo qilmishlarimdan so‘ng uning ishonchini qanday qilib erishishni bilmayman”.

Ishonchni tiklashning faqat bitta yo‘li bor. Aldagan odam bu ishonchni endi oqlashi kerak. Agar u o‘z xatolariga samimiy iqror bo‘lsa, munosabatlarni hali ham tiklasa bo‘ladi.

Shu bois kim nikohiga xiyonat qilgan bo‘lsa, aldangan turmush o‘rtog‘iga o‘z kompyuteri, mobil telefoni va moliyaviy hujjatlarini ko‘rib chiqishga imkon berishini maslahat qilaman. Siz shularni ko‘rsatishingiz lozim: “Mening hayotim - ochiq kitob. Shu damdan boshlab hech nimani yashirmayman. Men yolg‘ondan voz kechdim. Endi men haqiqatni aytaman. Sen qanday xohlasang, hayotimni shunday tekshirib chiqishingga ruxsat beraman”. Halollikka  bunday intilish va yondashuv xiyonat qilgan turmush o‘rtog‘ining nikohda ishonchni tiklashga birinchi qadam qo‘yganini ko‘rsatadi.

Ishonch xuddi nozik o‘simlikka o‘xshaydi. Odamning ishonchga xiyonat qilishi - bu xuddi nozik niholni bosib, loyga bulg‘agan bilan barobar. Halollik - bu shifobaxsh suyuqlik bo‘lib, niholni yana hayotga qaytarishi mumkin.

 

O‘zingizning asl “men”ingizni eslang

Biz kechirim so‘rayotganda, shunday deymiz: “Men haq va nohaq o‘rtasidagi farqni bilaman. Bu safar noto‘g‘ri harakat qildim. Men hatti-harakatlarim senga azob berganini bilaman. Hammasini o‘zim to‘g‘rilamoqchiman. Meni kechirishing uchun nimalar qilishim kerak?” Siz qanchalik tez va samimiy kechirim so‘rasangiz, hamsuhbatingizning sizni kechirishi va munosabatlarning tiklanishi shunchalik oson kechadi. Barqaror odamlar bor kuchlari bilan munosabatlarni tiklashshga harakat qilishadi. Ular darhol uzr so‘rab, kechirim izlashadi. Soxta “men” vaqti-vaqti bilan bizni yolg‘onga undashi mumkin. Biroq biz sevgi nomi ila kechirim so‘raymiz va bundan keyin faqat haqiqatni aytishga qaror qilamiz.

Rostgo‘ylik yo‘lidagi to‘siq: o‘zini himoya qilishga intilish

Bizga beysbol tayog‘i bilan tahdid qilishganida, himoya sezgimiz boshimizni qo‘llarimiz bilan berkitib, nari qochishga undaydi. Xuddi shundayin, bizni yolg‘onda yoki faromushxotirlikda ayblashganida, himoya hissi bizni aldashga majburlaydi. Biz hkch bir yomon ish qilmaganimizni, boshqa birovning muhim ishi tufayli uchrashuvga kelmaganimizni aytamiz. Soxta “men” bor kuchi bilan rostgo‘ylikning namoyon bo‘lishiga to‘sqinlik qiladi. O‘zini himoyalash hissi barchaga xos va u ba’zan bizni yolg‘on gapirishga undaydi. Biz o‘zimizni yolg‘on bilan himoya qilgan holda, o‘zimiz uchun muhim munosabatlarni buzayotganimizni unutib qo‘yamiz. Biz o‘zimizning asl qiyofamiz haqida emas, qanday ko‘rinish istagi haqida g‘amxo‘rlik qilamiz.

Biz halol odamlar bo‘lishga qaror qilib, erkinlikka erishamiz. Boshqaning fikri o‘sha odamga bo‘lgan sevgimiz bilan bog‘liq bo‘lganidagina biz uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Biz o‘zimizda halollikni rivojlantirgan holda, o‘z barqarorligimizni saqlaymiz. Barqarorlik esa boshqa odamlarni sevishning afzal usullaridan biridir.

 

Doimo haqiqat tarafida bo‘lgin

 

Halol odam hamisha haqiqat tarafida bo‘ladi, buning uchun hatto umumiy qabul qilingan qoidalarga qarshi chiqishiga to‘g‘ri kelsa ham. 1789 yilda Uilyam Uilberfors ilk bora qulchilikka qarshi chiqqanida, u haqiqat va adolat tarafida bo‘lgandi. O‘sha yillarda bunday nuqtai nazar Angliyada ommabop bo‘lmasada, bu uni taajjubga solmagan. Biroq uning sa’y-harakatlari tufayli tarixning bu qorong‘i sahifasi uzil-kesil yopildi. 1807 yilda Britaniyada qul savdosi qonunan ta’qiqlandi.

Aleksandr Soljenitsin Nobel mukofoti taqdimotida shunday degandi: “Birgina chin so‘z dunyoni o‘ziga tortadi”. U o‘z hayotiy tajribasiga tayangandi.  1966 yilda Soljenitsinga Sovet sharqshunoslik Institutida ochiq ma’ruza qilish taklifini bildirishdi. Ammo yozuvchi o‘z kitobining boblaridan shunchaki o‘qib berish o‘rniga, DHQ va senzuraga qarshi ochiq-oydin gapirdi. Tinglovchilarning reaksiyasi yozuvchi kutganidan ancha kuchliroq edi. Soljenitsin bu chiqishini keyinchalik shu tariqa eslagandi: “Deyarli har bitta gapim zalda poroxni yondirgandek bo‘lardi! Bu odamlar haqiqatni qattiq sog‘ingan ekanlar! Xudoyim, ularga haqiqat qanchalik kerak-a!” (9). Adib Oz Ginnesning yozishicha, Soljenitsin va “baxmal inqilob”ning yetakchilari “sovet hukmronligi qudratinini bo‘shashtirishning faqat ikkita usuli borligini bilishgan, ya’ni “SS 20” raketasiga va DHQga qarshi bir guruh dinsizlar behuda jismoniy hujum uyushtiradi yoki ruhiy-ma’naviy jabhada kurash olib borishadi. Bu odamlar haqiqat hamisha yolg‘on, tashviqot, aldov va terrordan ustun kelishini bilganlar. Ular ikkinchi yo‘lni tanlashdi va aql bovar qilmaydigan holat yuz berdi. Ular g‘alaba qilishdi” (10).

Tarixda Uilberfors va Soljenitsinga o‘xshagan odamlar juda ko‘p. Garchi ko‘pchilik yolg‘onga ishongan bo‘lsalarda, ular haqiqat tarafida turishgan. Aynan haqiqat aksariyat odamlarning qalbida aks-sado bergan.

Biroq ayni vaqtda tarixda yolg‘on yo‘lini tutgan odamlar hayotidan ham ko‘plab misollar keltirish mumkin.  Va minglab odamlar bunday yolg‘onlar bilan jimgina murosa qilishgan. Gitler va xolokost - mana bu fojeali tarixning yaqqol misolidir. 1980 yilda Polsha hukumati Ikkinchi jahon urushi vaqtida bir yarim million odam halok bo‘lgan Aushvits konslagerini qayta tiklab chiqdi. Ko‘rgazmaning italyan bo‘limida o‘rnatilgan peshlavhada shunday so‘zlarni o‘qish mumkin: “Ey inson, bu lagerga qaragin va bilib qo‘y: sen qayerdan kelgan bo‘lmagin, begona emassan. Shunday qilginki, bu safaring sen uchun foydasiz bo‘lmasin, bizning o‘limimiz befoyda bo‘lmasin. Aushvits kuli sening va o‘g‘illaring qalbini taqillatishi zarur. Shunday yashaginki, sen qarshingda ko‘rib turgan nafratning izlari boshqa hech qachon - ertaga ham, kelajakda ham - oqibatlarni hosil qilmasin” (11).

Haqiqat tarafida turganimizda, xatoliklarga yo‘l qo‘ymaymiz deb o‘ylamang. Bu esa yomonlikdan xursand bo‘lmasligimiz, aksincha, halollikning har qanday ko‘rinishidan ulkan quvonch topishimiz kerakligini anglatadi.

Kundalik hayotda halollik bizni o‘zimiz noto‘g‘ri deya hisoblaydigan harakatlarga qarshi vaqt va kuchimizni ishlatishga undaydi. Misol uchun, rostgo‘ylik bizni bo‘limimizda avj olgan shilqimlik haqida rahbariyatga ochiq bildirishga undaydi, garchi bunday yo‘l tutishimiz ish joyimizdan ajrab qolish xavfini uyg‘otsa ham. Halollik bizni film tugaganidan so‘ng- ayni vaqtda do‘stlarimiz ikkinchi filmni chiptasiz ko‘rish uchun yashirinib qolmoqchi bo‘lishganida, - tomosha zalidan chiqib ketishga undaydi.

Halollik - bu o‘ziga haqiqatni aytish demakdir. Biz har kuni televizor, gazeta va jurnallar, ko‘plab internet saytlar orqali talaygina ma’lumotlar olamiz. Biz ushbu ma’lumotlarni tahlil etib, o‘zimizdan:  “Bu haqiqatmi o‘zi?” deb so‘rashimiz lozim. Haqiqat asosida yashashga qaror qilganimizda, o‘zimizni va atrofdagilarni sevishni boshlaymiz. Yodingizda bo‘lsin, hatto bu dunyo zulmati ba’zan haqiqatni to‘sib qo‘yganida ham, uning nurini abadiy o‘chirib qo‘yish hech kim qo‘lidan kelmaydi.

 

G‘irromlik bahosi

 

Sobiq prezident Nikson ko‘pchilik bilan tanish edi, biroq hech kim bilan yaqindan do‘stlashmagandi. Uning tarjimai holi haqidagi o‘nlab asarlarda mualliflar o‘zini nega bunday tutganining sabablari ustida bosh qotirishgan. Ular Niksonning ota-onasi bilan munosabatlarini tahlil etishgan, bolalik alamlarini va uning yuqoriga ko‘tarilish bosqichida yuz bergan siyosiy xiyonatlar haqida eslashgan. Tarixchi Stiven Ambroz bunga qiziq bir izoh topgan: Niksonning haqiqiy do‘stlari yo‘q edi, negaki u barqaror odam emasdi.

Ambroz Niksonni “hech qachon boshqaning rolini o‘ynamagan va hamisha o‘zligicha qolgan” Duayt Eyzenxauer bilan taqqoslaydi. Eyzenxauerning yetakchilik sifati harbiy xizmatda bo‘lgan paytdayoq ko‘rinish bergandi. U Ikkinchi jahon urushi vaqtida yarador askarga nohaq yondashgan general Jorj Pattonni qat’iy muhokama qilgandi. Garchi Patton g‘alaba uchun katta hissa qo‘shgan mohir general bo‘lsada, Eyzenxauer uning bunday harakatlariga e’tiborsiz bo‘lolmasdi. U generalga uning harakatini muhokama qiladigan xat yozdi. Eyzenxauer xat oxirida qayd etib o‘tdi: “Harbiy hayotim davrida biror hujjatni yozish men uchun mana shu xat kabi azobli kechmagan edi. Bu nafaqat bizning uzoq va qalin do‘stligimiz uchun emas, balki sizning harbiy sarkardalik iqtidoringizdan samimiy hayratlanganim uchun hamdir. Ammo bunday hatti-harakatlarga shunchaki... toqat qilib bo‘lmasligini aytmoqchiman, xolos” (13). Eyzenxauerning so‘zlari hamisha uning hatti-harakatlariga muvofiq kelgan. Shu bois ham uning do‘stlari hamisha ko‘p bo‘lgan - general bo‘lgan vaqtida ham, prezidentlik davrida ham. Va general Patton ham doimo uning do‘sti bo‘lib qolgan.

Nikson esa turlicha vaziyatlarda turlicha odam sifatida namoyon bo‘lgan. Prezidentning kotibi bir paytlar, Nikson “eshikni shunchaki ochgan zahotiyoq boshqa odamga aylanishi mumkin”ligini aytgandi. Kundalik muloqotda barqarorlikning yo‘qligi asta-sekin Uotergeytdagi mojaroga olib bordi. Nikson iste’foga chiqqanidan so‘ng yordamchisi aytdiki, yuqoriga ko‘tarilganingdan so‘ng “doimo olib borgan o‘yiningni to‘xtatolmaysan... Va qanday bo‘lsang, shundayligingcha qolasan va chiziq chetidan yurishda davom etasan” (15).

Nikson hamisha ehtiyotkor bo‘lib, hech kimga ishonmagan, negaki, har holda uning o‘zi ishonchga sazovor bo‘lmagan. U “o‘ziga o‘zi tanlagan rolni o‘ynagan” Sharl de Goll kabi kishilarga qoyil qolgan. Nikson bir kuni yordamchisiga shunday degan: “Sen biror kishi bilan tanishsang, u o‘sha daqiqadan buyon sendan foydalanishni boshlaydi” (17).

Niksondan nega yaqin do‘stlari yo‘qligini so‘rashganida, u yetakchining tanholigi haqida gapirib qolgan. “Mening ishimda yaqin do‘stona munosabatlar dabdabasini o‘zimga ravo ko‘rolmayman. Mutlaqo hech kimga ishonib bo‘lmaydi. Shaxsiy rejalar yoki shaxsiy his-tuyg‘ular haqida gapirish mumkin emas” (18). Niksonning gaplari talaygina boshqa yetakchilarning, masalan, juda ko‘plab yaqin do‘stlari bo‘lgan Eyzenxauerning ibratiga zid keladi.

Nikson go‘yo undan kutishgan rolni ijro etayotgandek o‘zini tutgan. U hech qachon butunlay rostgo‘y bo‘lmagan. Hech kim uning haqiqiy “o‘zligini”ini bilmagan. Oqibatda esa murakkab vaziyatlarda juda kamchilik odamlargina uni qo‘llab-quvvatlashgan. So‘z va hatti-harakatlaridagi nohalollik uning nafaqat do‘stlashuviga, balki prezidentlik faoliyatiga ham ta’sir o‘tkazgan.

Halol hayot bizga mustahkam, uyg‘un munosabatlarni shakllantirish erkinligini beradi. Hatto o‘z tuyg‘ularimiz va nuqtai nazarimizni ozgina bo‘lsa ham yashirishga uringanimizda, biz o‘zimizni chinakamiga sevishdan mahrum etgan bo‘lamiz. Boshqa odamlar bizning sevgimizni nafaqat so‘zlarimiz orqali, balki aslida qanday bo‘lsak, shunday insonga ishonish mumkinligini bilishsagina qabul qilishlari mumkin.

 

Sizning munosabatlaringiz qanday bo‘lardi, agar...

Tashqi “men”ingiz ichki o‘zligingizga muvofiq kelishiga hamisha harakat qilsangiz?

Sevgi nomi ila boshqalarga haqiqatni aytishga ko‘niksangiz?

Mayda-chuyda masalalarda ham oppoq yolg‘on ishlatishni bas qilsangiz?

Xatolaringizni yolg‘on yordamida yashirish o‘rniga kechirim so‘rasangiz?

 

Hatto haqiqat nuqtai nazari e’tiborsiz bo‘lgan paytda ham uning tarafida bo‘lsangiz?

 

Siz haqingizda gaplashamiz

 

Muhokama va mulohaza uchun savollar

1. Yolg‘oni fosh bo‘lgan yetakchilar, mashhur sportchilar yoki tijoratchilarni yodingizga oling. Yolg‘on ularning shaxsiy munosabatlariga qanday ta’sir ko‘rsatgan?

2. Oppoq yolg‘onga yo‘l qo‘yish kerak emasligiga ishonasizmi? Nima uchun?

3. Sizga sevgi haqqi-hurmati haqiqatni gapirgan insonlarni eslang. Ularning so‘zlari vaziyatni qanday o‘zgartirgan?

4 Noto‘g‘ri yo‘lga kirgan biror kishiga sevgi haqqi-hurmati achchiq haqiqatni aytishingizga to‘g‘ri kelganmi? Shundan so‘ng vaziyat qanday o‘zgargan?

5. O‘zingizning mayda-chuyda yolg‘onlaringizni eslang. O‘sha paytda so‘zlaringizni yolg‘on sifatida qabul qilganmisiz?

6. Haqiqatni himoya qilish istagingiz qachon siz uchun qimmatga tushgan?

Foydali maslahatlar

1. O‘ylab ko‘ring: yolg‘on gapirish sizga osonmi? Agar shunday bo‘lsa, rostgo‘ylik yo‘lidagi birinchi qadamni qanday qo‘yishingiz mumkin?

2. Eslab ko‘ring: o‘z shaxsiy manfaatlaringiz uchun qachon haqiqatni kamaytirib ko‘rsatish istagi kuchliroq bo‘lgan? Bunday vaziyatlarda barqaror shaxs bo‘lib qolish uchun nimalarni esga olishingiz zarur?

3. Kun davomida o‘zingiz aytadigan barcha yolg‘onni yozib oling. O‘zingizdan so‘rab ko‘ring-chi, biror kishiga yolg‘on gapirganmikansiz. Agar shunday bo‘lsa, munosabatlarni tiklash uchun nimalar qilish kerak?

4. Qachon haqiqatni gapirganingizni eslang. Endi esa chinakamiga sevuvchi odam fe’l-atvorining boshqa xususiyatlarini eslang: yaxshilik, sabr-toqat, kechirim, muloyimlik, itoatkorlik va saxovat. Sizning so‘z va harakatlaringiz bunday vaziyatda ana shu xususiyatlarni o‘zida aks ettirganmi? Chinakamiga halol inson bo‘lish uchun fe’l-atvorning qaysi xususiyatlarini rivojlantirishingiz kerak?


Аудио Книга на Узбекском языке: Любовь как образ жизни (Гэри Чепмен) 2020г

Описание книги: Гэри Чепмен – признанный во всем мире гуру в вопросах любви и отношений. Его книги переведены на 37 языков и совершили настоящий переворот в жизни миллионов людей во всем мире. «Любовь как образ жизни» – книга, которую ждали. Это логическое завершение бестселлера «Пять языков любви». Чепмен предлагает мудрое, ненавязчивое руководство по построению гармоничных отношений со всеми, с кем сталкивает нас жизнь. Тесты и задания помогут вам развить семь личных качеств, которые кардинально изменят вашу жизнь. С помощью этой книги вы не только сами станете счастливее, но и сделаете счастливыми других.



Shu bobni eshitish:


AUDIOKITOB ►
butun kitobni tinglang

Kitoblar

Qaysi kitoblarni tinglashni istaysiz?
Qaysi kitoblarni tinglashni istaysiz?

docs.google.com/forms

Xush kelibsiz!

Яхши аудио Китоблар
Audiokitoblar Uzbek tilida


Kinolar va Multiklar
Kinolar Uzbek tilida


Audiokitob - Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd
Audiokitob Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd


Аудио Кутубхона
Audiokitob Uzbek tilida

Telegram bot: @audio_kito_bot
Kanal: @kitoblar_elektron_uz



Sharhlar

...ҳар куни — байрамнинг биринчи кунидан охирги кунигача Худонинг Таврот китобидан ўқиб берди...

...kunidan oxirgi kunigacha Xudoning Tavrot kitobidan o‘qib berdi...
Naximiyo 8:18



Yaxshi audio kitoblarni yuklab oling uzbek tilidagi

Турмуш ўртоғингиз нотўғри ёъл тутганда, Сиз тоғри ёъл тудинг (Лесли Верник)    Матонат соҳиби (Джош Макдауелл)    Бахтли оила (Абдулла Рашидов)    Zamonamiz durdonasi (Nikolay Boyko)    Худди Исо Каби (Макс Лукадо)    Уни Нажоткор деб аташлари таажжубли эмас (Макс Лукадо)    Дарбадар ўгилнинг қайтиши (Генри Нувен)    Дарбадар ўгилнинг қайтиши (Генри Нувен)    Дарбадар ўгилнинг қайтиши (Генри Нувен)    Дарбадар ўгилнинг қайтиши (Генри Нувен)    Дарбадар ўгилнинг қайтиши (Генри Нувен)    Худо жуда яқин келди (Макс Лукадо)    Эски Аҳд аёллари ҳақида вазлар (Чарлз Спержен)    Iso bizning taqdirimiz (Vilgelm Bush)    Сиз осмонда қилолмайдиган иш (Марк Кехилл)    Дарбадар ўғил (Чарлз Спержен)    Ҳомиладорлигим кундалиги (Вера Самарина)    Иброҳимнинг оиласи: парчаланган шажарани шифолаш (Дон Мак-Керри)    Зулматдаги нур (Доктор Джеймс ва Ширли Добсон)    Митти Тиллақўнғиз ва Серқуёш ўтлоқзор аҳолиси (Майя Огородникова)    Подшоҳнинг сири  (Урусла Марк)    Яна қароқчилар қўлидами? (Урусла Марк)    Қароқчиларникидай  эмас (Марк Урусла)    Эътиқод уфқлари (Георгий Винс)    (Биродар Андрей ва Алекс Янсен) Сирли масиҳийлар    Масиҳийлик таълимоти асослари (Роберт Спраул)    Ҳаёт бўронларига бардош беринг (Пол Эстебрукс)    Абадийликка ишонаман (Николай Ерофеевич Бойко)    Ўсмир ибодатининг кучи (Сторми Омартиан) kitob Uzbek tilida    Чегарасиз хает (Ник Вуйчич) kitob Uzbek tilida    Севимли инсоннинг ҳаёти (Генри Нувен) kitob Uzbek tilida    Довюраклар (Макс Лукадо) kitob Uzbek tilida    Бирга қилинган ибодатнинг қудрати (Сторми Омартиан) kitob Uzbek tilida    Хузур халоват амрлари (Джон Макартур) kitob Uzbek tilida    Саботли инсон (Джош Макдауелл) kitob Uzbek tilida    Shijoatkor (Nik Vuychich) kitob Uzbek tilida    Мақсад Сари Йўналтирилган Ҳаёт (Рик Уоррен) kitob Uzbek tilida    Чалғитиш номли душман (Джон Мэйсон) kitob Uzbek tilida    Мафтункор Гўзаллик (Джон ва Стейси Элдридж) kitob Uzbek tilida    Севги ва ҳурмат (Эмерсон Эггерих) kitob Uzbek tilida    Ayollar... (Nensi Demoss) kitob Uzbek tilida    Хакиат асоси (Джон Стотт) kitob Uzbek tilida    ИБОДАТГЎЙ АЁЛНИНГ КУЧИ (СТОРМИ ОМАРТИАН) kitob Uzbek tilida    ТЎҒРИ ҚАРОР (Джош ва Дотти Макдауэлл) kitob Uzbek tilida    Нега? (Филип Янси) kitob Uzbek tilida    Hayotdagi yetakchilik va ijodiy salohiyat (Rik Joyner) kitob Uzbek tilida    Ishayo 53 sharxlar (Mitch Gleyzer) kitob Uzbek tilida    Xudoga qay tarzda manzur bolish mumkin (Robert Charlz Spraul) kitob Uzbek tilida    Mukaddas ruxning siri (Robert Charlz Spraul) kitob Uzbek tilida    Ota-ona ibodatining kuchi (Stormi Omartian) kitob Uzbek tilida    Muhabbat tilsimi (Djosh Makdauell) kitob Uzbek tilida    Xudoning qalbiga mos erkak (Jim Jorj) kitob Uzbek tilida    Enaga yordamga shoshadi (Mishel Larou) kitob Uzbek tilida    Bolaning nazaridagi qahramon (Djosh Makdauell) kitob Uzbek tilida    G‘alamisning xati (Klayv Steyplz Lyuis) kitob Uzbek tilida    Dolzarb Savollarga Javoblar (James Paker) kitob Uzbek tilida    kitob Uzbek tilida    kitob Uzbek tilida    kitob Uzbek tilida    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Bolalar Audiokitob Uzbekcha    Bolalar kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Hamdu Sanolar Uzbekcha    Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musika



Kitobook – Kitoblar, AudioKitoblar: Инжил ва Muqaddas Kitob ва Инжил Каракалпак